OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Omon Jorqinboyev. Portret (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOmon Jorqinboyev
Asar nomiPortret (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Omon Jorqinboyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm39KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Portret (hikoya)
Omon Jorqinboyev

Yoʻldosh aka bir qoʻlini koʻcha eshikning kesakisiga tirab tarxashlik qiladi, kulgancha «zorlanadi»:
— Qoʻyib, yubor-e, kirmayman, dadang meni yomon koʻradi.

Besh yashar oʻgʻilcham yigʻlamokdan beri boʻlib uning qoʻlidan tortqilaydi.
— Nevaram boyaqishni qiynamay, qiraqoling endi, togʻasi, — deya «yolvoradi» oyim.
— Obbo, tirmizak-ey, qoʻymading, qoʻymading-da. — Yoʻldosh aka ogʻzi qulogʻida, oʻgʻilchamning yetagida kelib soʻriga oʻtiradi. Ogʻzidan «gul» isi anqiydi.
— Yoʻldoshalining qoʻliga suv quy, kelin, — deydi dadam.

Qora terga tushgan oʻgʻlim halloslagancha Yoʻldosh akaning yoniga chiqib oʻtiradi, avval osh suzilgan laganni, keyin achchiq-chuchuk solingan likopchani u tomon surib qoʻyadi, yana nima qilib koʻnglini ovlashni oʻylaydi.
— Buni qara, jiyan, suvni issiqroq ham qilib kelmabsizlar, — deydi Yoʻldosh aka qoʻlini sochiqqa artayotib.

Oʻgʻilcham qovoqlarini uyib oyisiga qaraydi. U kuladi:
— «Bundan issiq boʻlsa, qoʻlingiz kuyadi», degin. Yoʻldosh aka kuladi. Oʻgʻlimning yuzi yorishadi. Goʻshtni toʻgʻrab boʻlgan dadam taklif qiladi:
— Qani, Yoʻldoshali, oshga qarang.
— Meni ma’zur koʻrasiz, togʻa, — deya Yoʻldosh aka unga odatdagi erkaligini qila boshlaydi.

Dadam ham «oʻyin»ga qoʻshilib, chinakam hayratlangan boʻladi:
— Nega, Yoʻldoshali?
— Anovi... qora-quralar nima?
— Zirk bular, mayiz, Yoʻldoshali. Sizga yoqmasa, men terib olaqolay. — Dadam koʻringan mayiz va zirklarni barmoq uchi bilan turtib-turtib oʻzi tomon suradi.
— Be-e! Bir-ikki choʻqim olsam, yana chiqadi-da.
— Siz avval boshlang, yana chiqsa — togʻangizga tan,— deydi oyim.
— Kelin shaharlik-da, pishiq, — deydi Yoʻldosh aka.
— Nimaga unday deysiz, aka? — deb xotinim «oʻpkalanadi».

Yoʻldosh aka «qora-qura»larni terish bilan ovora boʻlgan dadamni kuzatgancha ogʻzidagi oshni joʻrttaga uzoq chaynaydi, yana laganga qoʻl uzatib «poʻngʻillaydi»:
— Yali-yali bilan qoʻshiqni koʻpaytirganday oshingizni sabzi-piyoz bilan koʻpaytiribsiz-u, yana zirku zira solib togʻamni qiynaysiz.

Hammamiz kulamiz.

Yoʻldosh aka oshni mayda chaynaydi, dasturxonga toʻkilgan guruch donalarini bitta-bitta terib ogʻziga soladi. Uni koʻrib oʻgʻlim ham shunday qiladi.

Bolalarni oʻziga ohanraboday tortadigan odamning yuragi, ichki dunyosi qanday boʻlishi kerak? Bu qudratni qanday ifodalashi mumkin?
— Hali ham mening suratimni, chizyapsanmi? — deydi Yoʻldosh aka xuddi dilimdan kechgan fikrni uqqandek.
— Ha, — deyman va uning soʻz ohangida jiddiylik sezib, hazilga buraman: — Mening sizdan boshqa kimim bor, Yoʻldosh aka?

U astoydil koyinadi:
— Boʻlmasa, aytganimni qilgin-da!

Men kulaman. Yoʻldosh akaning qovogʻi osiladi.
— Mening suratimni chizyapti-yu... — deya u oʻziga tarafkash qidirib hammaga bir-bir qarab chiqadi, ketmonim yoʻq, yanga!
— Ana xolo-os! — deb oyim yoqasini tutadi. Oʻgʻirlab ketishibdimi? Qaerda edi?
— Yanga, siz tushunmadingiz. Suratda ketmonim yoʻq, deyapman.
— Hah! — Oyim koʻkragiga tuf-tuflaydi. - oʻtakam yorilayozdi-ya, kolxozimizda oʻgʻri paydo boʻlibdimi, deb. Voy, oshga qaranglar, sovib qolyapti.

Yoʻldosh aka endi dadamga gap ma’qullatadi:
— Toʻgʻrimi, togʻa? Mana bu Behzodingiz ham meni ketmonsiz koʻrmagan. Shuning uchun chizganlarini oʻxshatolmayapti.

Oyim meni murosaga keltirmoqchi boʻladi:
— Bir chekkasiga ketmonni ham qoʻshib qoʻy-da, oʻgʻlim. Karnaychidan bitta puf, degan ekan mashoyixlar.

Oʻzini zoʻrgʻa tiyib oʻtirgan xotinim qah-qahlab yuboradi. Dadam koʻzlari yumilib, selkillab kuladi. Oʻgʻlim koʻzlari moʻltirab Yoʻldosh akaga qaraydi, jilmaymoqchi boʻladi.
— Men ham siz aytganni uqtirmoqchi boʻldim, Yoʻldoshali, — deya unga homiylikka oʻtadi dadam. — Kattaning soʻzini qulogʻiga olmasa, nima boʻlardi?
— Nima boʻlardi? — deb oyim gapni iladi. — Behudaga urinib, bir yil topgan-tutganini yeb-ichib, ikki qoʻlini burniga tiqi-ib shoʻppaygancha shaharga tushib boradi-da.
— Ana, bu yogʻi ham bor, — deydi Yoʻldosh aka tashvishlanib. — Undan keyin, men senga aytsam, davlat anoyi emaski, mening suratimni chizganing uchun pul toʻlasa.

Lekin men hayolimda allaqachon oʻninchi, yigirmanchi... ehtimol, yuzinchi eskizni chizyapman...
— Qanday odamsiz, turing, kuzatib chiqing! — deb xotinim yelkamga turtadi.

Koʻcha eshik tomon ketayotgan Yoʻldosh akaga koʻzim tushib, ichimda kulaman: u goʻyo alohida-alohida choʻplardan ip bilan omonatgina tutashtirib qoʻyilganu birov koʻtarib olgandek — uzun-uzun qoʻllari, oyoqlari shalviragancha chiqib ketmokda.

Nahot shu odamning portretini ishlay olmasam! Shoshib orqamga qaytaman, ustaxonaga moslashtirgan oynavand ayvon tomon yuraman.
— Yana oʻsha qafasiga kirib ketyapti, — deb koyinadi dadam.
— Otpuskasidan qancha qoldi? Tezroq keta qolinglar, xudo xayrilaringni bersin, — deydi oyim xotinimga. — Kechayu kunduz tosh boʻlib tikilib oʻtirganiga yuragim tors yorilay deydi.

Men molbert qarshisida oʻtirib portretga tikilaman. Kutilmaganda, misdek yarakdagan keng va doʻng peshana terisi tarang, birorta ajin yoʻqligi timni tortadi. Yuragini kaftga olib koʻrib boʻlganda edi! Ammo buning iloji yoʻq. Uni faqat aql bilan idrok qilish kerak. Eshitishimcha, urushda, janglarning birida oʻq parchasi tekkan ekan. Goʻzallikni koʻrish uchun berilgan koʻzlarga dunyoni idrok qilish uchun berilgan miyaga oʻlim timsoli — temir parchasi suiqasd qilgan-u, «Boshing toshdan boʻlsin, oy borib omon qayt!», degan Ona tilagi oldida ojiz qolgan. Nazarimda, uning oʻrni oʻsha botiqlik kipriklari siyrak qoʻykoʻzlarga, chorpaxil yuzga ma’no bera boshlaydi. Portretda allaqanday ruh paydo boʻladi. Yuragim hapriqib, ip uchini yana yoʻqotib qoʻymaslikka harakat qilaman. Biroq nina sanchilgandek, koʻzlarimda ogʻriq sezaman, keyin xotinimning «Bu nima oʻtirish, qop-qorongʻida!», degan ovozini va vklyuchatelning chiq etganini eshitaman.
— Sizning nima ishingiz bor-a men bilan? — deya boʻgʻilgancha oʻrnimdan turib ketaman. Quyuq qorongʻilik mendan molbertni yashirganida xayolimda jonlangan portretni qayta tiklash uchun koʻzlarimni yumaman, ammo urinishlarim behuda ketadi. Keyin Yoʻldosh akaning ichki dunyosini tushunib yetish istagida bisotimdagi «ogʻzaki eskiz»larga goh aql va qalb, goh qalb va aql koʻzi bilan «tikilaman». Mana, ulardan biri:

«...Hamma Yoʻldosh akani, dunyoni suv bossa toʻpigʻiga chiqmaydigan odam, deydi. Aslida ham u mudom bir qiru bir sirda: koʻzlari osoyishta-oʻychan, yuzida, xatti-harakatlarida ichki, ruhiy bir muvozanat sezilib turadi. Ortiqcha quvonganini yoki iztirob chekkanini sirtiga chiqarmaydi, kimdandir, nimadandir shikoyat qilganini ham hech kim eshitmagan. Birovga birinchi boʻlib soʻz qotmaydi, goʻyo uning osoyishtaligini buzgisi, fikrini boʻlgisi kelmaydi: dunyoning ishini oʻylayver, aql tarozisiga solaver, deyayotgandek. Agar oʻzingiz soʻz ochib suhbatga tortsangiz, shunday ohangda gapiradiki, xuddi u siz bilan anchadan beri gurunglashayotgan edi-yu, ovozini endi eshita boshlagandek bir hisni tuyasiz va bundan beixtiyor hayratlanasiz. Sizni hamisha qalbida olib yurganini, har dam yuragingizga qoʻl solib turganini tushunib yetish uchun hayrat hissi xalaqit berayotgani xayolingizga ham kelmaydi...»

Birdan quloqlarim tom bitib qolganini sezaman va oʻzimni dala yoʻlining boshida koʻraman. Yulduzlar toʻla osmonga, toʻgʻrirogʻi, osmonni toʻldirgan yulduzlarga qarayman. Men ulardan yogʻilgan koʻkimtir so-kinlikka koʻmilib turibman. Qorongʻilik oʻt-oʻlanlar ichiga, daraxtlarning quyuq barglari orasiga yashiringan. Boshimni chayqab-chayqab, quloqlarimni toʻldirgan sokinlikni «chiqarib tashlayman» va... Yer bilan Osmon oraligʻida limillagan koʻkimtir sokinlik bagʻrida muallaq suzib yurgan Yoʻldosh akaning avval sharpasini, keyin oʻzini koʻraman. U menga qarab jilmayadi va peshanamda issiq nafasini sezaman...

«...Men esimni taniganimda u peshanamdan choʻlp-choʻlp oʻpardi yoki u peshanamdan oʻpayotganida men esimni tanidim. Har qalay, oʻsha daqiqadan boshlab koʻp narsalarni xotirlayman.

Oʻshanda esa men soddat yigitning tizzasida oʻtirib, koʻkragidagi yumaloq-yumaloq ikkita medalni shildiratib oʻynardim. Keyin meni oyim oʻzining yoniga olib oʻtqazdi. Hovliga erkagu ayol gurros-gurros kirib kelar, soldat yigit bilan quchoqlashib koʻrishar, koʻzlaridan duv yosh toʻkilar, xushchaqchaq kulishib, allanimalar deb yelkasiga qoqishar edi. Men yaraqlagan medallardan koʻz uzmasdim. Keyinchalik ular oddiy jez emas, zar yuritilgan shonli medallar ekanini bildim; yana keyin ularning biri «Stalingradni mudofaa qilgani uchun», ikkinchisi «Berlinni olgani uchun» medali ekanini tushundim; yana keyin Stalingrad bilan Berlin orasidagi qonli, olovli masofani tasavvur qildim.
— Yoʻldosh aka, urush yillaridan, jang xotiralaridan gapirib berasizmi?

Bu savolni nechanchi karra berganimni bilmayman, lekin oxirgi marta u shunday deb javob bergan edi:
— Otang temirchi emas-ku! Bitta gapni hadeb hijjalayverasanmi! — U menga qattiq tegib qoʻyganini sezib, yumshadi: — Urush — urush-da, uka. Unga qolganda suyaksiz til ham tarashaday qotadi...»

Yoʻldosh aka urushni eslashni yoqtirmaydi. Nima uchun? Bu savolga javob istab unga qarayman. U hamon Yer bilan Osmon oraligʻida limillagan koʻkimtir osoyishtalik dengizida suzib yuribdi va menga faqat shuning uchun tugʻilgandek, «Men odamzod oʻzining boʻyniga oʻzi sirtmoq solishga, oʻzining yuragiga oʻzi nayza sanchishga, oʻzining peshanasiga oʻzi qoʻrgʻoshin qadashga qodir ekanini tan olishdan uyalaman», deyayotgandek tuyuladi.

«Dunyoni suv bossa toʻpigʻiga chiqmaydigan odam»? Notoʻgʻri. Lekin bu gapning zamirida bir nima yotibdi. Ehtimol...

...Urushgacha ot ketidan okuchnik tutib yurgan frontchi yigitni kolxoz kassirligiga lozim topishadi. U esa oradan bir yil oʻtar-oʻtmas, bankdan olib kelgan yarim qop pulni yoʻqotib qoʻyadi, sakkiz yilga qamalib ketadi. Uyda uch oylik xotini bilan qari onasi qoladi.

U muddatni oʻtab qaytib kelgan kuni — boshqa erga tegib ketgan xotinining uyida sunnat toʻyi boʻlayotgan ekan. Ikki kundan keyin ona, besh yil jon hovuchlab urushdan oʻgʻlini kutgan, yana sakkiz yil poylab yurak-bagʻri ezilgan ona olamdan oʻtadi.

Ammo, Yoʻldosh akaning qaddi tikligicha qoladi...

Ehtimol, dunyoni suv bossa toʻpigʻiga chiqmaydigan odam, deyishlari shundandir? Lekin bu yolgʻon. Nazarimda, bularning hammasi Yoʻldosh aka uchun urush dahshatlari oldida arzimaydigan narsalar.

Men uning ichki dunyosiga kalit topgandekman, uning hayot mantiqi deb atalmish qizil ipning uchidan tutgandekman. Men uni qoʻyib yubormay, idrokning mashaqqatli yoʻli boʻylab izlanishda davom etishni istayman.

Yana bir «eskiz»:

«...U yigirma toʻrt yildan beri suvchi boʻlib ishlaydi: Toʻrt farzandning otasi. Qishloqda faqat undagina eshak bor. Keyingi vaqtda shalpangquloq noyob zotligini «tushunib qolib» sipolik qilyaptimi yoki yolgʻiz oʻziga erish tuyulyaptimi, har qalay, kam hang-raydi. Bu qishloqdagi bir igʻvogarning haziliga ham sabab boʻlgan.
— Yoʻldoshali, soʻfini yoʻldan urmang-da, azon aytib tursin.
— Baxayr, birodar. Yuqoriga yumaloq xat yozgan ekansiz, ishdan boʻshatilgani haqida qogʻoz olgan. Bundan bu yogʻiga soʻfi — Oʻzlari!

«Igʻvoning qurboni boʻlgan soʻfi» har kuni ertalab oyoqlari yerga tegar-tegmay jildillagancha Yoʻldosh akani dalaga olib borib, kunbotarda ikki bogʻ oʻtning ostida koʻrinib-koʻrinmay qaytarib keladi.

Yoʻldagi aka odatda dalada yuvinib olgan boʻladi, hovlida oʻtni eshakdan tushiradiyu yuz-qoʻlini chayib, tomorqa aylanadi; saharlab turib qiladigan xoʻjalik yumushlarini chamalaydi; oʻgʻillariga ul-bul ishni tayinlab, koʻcha eshikka chiqadi: bir dam guzar tomonga qarab turadi, soʻng koʻchaning bir chetiga oʻtib asta yoʻlga tushadi.

Guzarda, anhor ustida bufet bor, oltita stol qoʻyilgan. Yoʻldosh aka ixtiyor qiladigan yagona koʻngilxushlik — shu yerga kelib vino ichish.
— Kel, Yoʻldosh.— Bufetchi— Suyar aka yogʻoch oyogʻini gʻichirlatib, kursida bir qoʻzgʻalib qoʻyadi: bu uning doʻsti istiqboliga oʻrnidan turgani. Ular tengqur, ikkalasi ham frontchi.
— Hali ham bormisan, Suyar? — deydi Yoʻldosh aka odatdagidek va biqini bilan peshtaxtaga suyanadi, ikki doʻst oʻrtasida qanday suhbat boʻlishini bilib, kulganlaricha kuzatib oʻtirgan tanish-bilishlar bilan bosh irgʻab soʻrashadi.
— Hali vino koʻp. Men uni senga quyib berib, sen uni ichib tugatmaguningcha ikkalamiz ham bormiz.
— Unaqada sen bilan mening boshimiz toshdan ekan.
— Ha, oʻrtoq, zavod ishlab turibdi. Ich, dunyo turguncha turishimiz uchun ich.

Yoʻldosh aka stakanni boʻshatib, terdan shoʻrlab ketgan koʻylagining koʻkrak choʻntagidan bir soʻmlik olib uzatadi.
— Jon oʻrtoq, bundan keyin soʻlkavoy olib yur-gin,— deb «iltijo» qiladi Suyar aka. — Qogʻoz pulingdan ter isi anqib, banka qabul qilmayapti.
— Sen ularga tushuntir. «Ter isi chiqqan pul — halol, mehnat bilan topilgan», degin, — deb «maslahat» beradi Yoʻldosh aka. — Tushunmasa, sandiqqa bosib qoʻygan pulingdan olib bor, koʻrsat, «Bundan kuyadorining isi keladi, harom pul», degin.
— Oʻshandan bir soʻm beray, soqolingni oldirvol.
— Gapni aylantirma, qolganini choʻz!
— Yana kelganingda vino quyib beraman.
— Mayli-yu, mening oʻttiz tiyinim uchun doʻzaxga tushmagin, deyman-da.
— Nafasingni issiq qil, oʻrtoq. Hali vino koʻp, oʻlmayman.
— Yoʻldan qoldiryapsan, Suyar. Gazeta olib qoʻydingmi?

Suyar aka uning uchun «Soyuzpechat» doʻkonidan bolalar gazetasi yoki jurnali olib qoʻygan boʻladi. Yoʻldosh aka shu yerning oʻzidayoq oʻqishga tutinadi. Ana shunda Suyar aka oʻrtogʻiga yoki tashqarida oʻtirganlarga: «Falon joyda urush boʻlayotgan ekan, faloncha odam oʻlibdi» yoki «Falon mamlakatda yangi bomba ishlab chiqarilayotganmish» qabilida soʻz qotadi.
— Boyoʻgʻli! — deb poʻngʻillaydi Yoʻldosh aka va gazetani buklab qoʻltigʻiga qisadi. — Kindigi yerdan uzilganlar urush qiladi. Sen ham bu yerda toʻrtta taxtadan kavak qilib olib sayrayverasanmi?

U joʻnab qoladi. Suyar aka va atrofdagilar kulishadi. Yoʻldosh aka nariroq borgach, qoʻltigʻidan gazetani oladi-da, asta oʻqib ketadi.

Katta jigarrang darvoza oldida har kungidek Sobir aka poylab oʻtirgan boʻladi. U uzoq yillar kolxozda omborchilik qilgan; gavdasi yoʻgʻon, yuzlari loʻppi, oyogʻi xastalanib besh yildan beri yurolmay qolgan, har oqshom koʻchaga bir amallab chiqib oladi-da, pastak kursida salqinlab oʻtiradi. Uzoqdan Yoʻddosh akani koʻrishi bilan qoʻshnisining koʻcha eshigiga oʻqtin-oʻqtin qaray boshlaydi. Xuddi shu payt past boʻyli, xipcha, kampirdahan, ogʻzi toʻla tilla tish, oq-sariq yuzli, yum-yumaloq boshini hamisha qirtishlab yuradigan Oltinboy aka yerdan chiqqandek paydo boʻladi. Turgan joyida avval oʻngga, soʻng soʻl tomonga qaraydi va Yoʻldosh akani koʻrgach, halim tovush bilan: «Ana-ana, masxaraboz kelyapti, masxaraboz», degancha qoʻshnisining yoniga pildiraydi.

Yoʻldosh aka qoʻshnilar bilan koʻrishib, oʻtib ketmoqchi boʻladi. Sobir omborchi shoshib soʻz qotadi:
— Yoʻldoshboy, Suyarning oldidan kelyapsizmi? Qalay, durustmi?
— Suyarmi? Mendan ot yogʻi soʻradi. Sizda yoʻqmidi?
— Nima qilarkan?
— Ikki kundan beri oʻng oyogʻi ogʻriyotganmish.
— Oʻng oyogʻi-i-i.. — Sobir omborchi hayron boʻlib Oltinboy akaga qaraydi. U teskari burilib piq etib kuladi. — ...protez-ku, Yoʻldoshboy?
— Oʻsha, oʻsha.
— Yopiray! — Sobir omborchi «Protez oyoqki ogʻrisa, hali ham menikiga toʻzim bersin» degandek oyoqlarini silaydi.
— Oʻzingizniki qalay?
— Meniki... endi... — Sobir omborchining xayolida hamon «Protez oyoqki ogʻrisa..» degan fikr turadi va nolishdan — noshukrchilik qilishdan qoʻrqadi. — Hamisha birday, Yoʻldoshboy.
— Ogʻriq xuruj qilganida ayting, dori topib beraman.

Oltinboy aka tomogʻiga don tiqilgan xoʻrozdek qiyqiradi.
— Tulki! — Sobir omborchi hassasini koʻtarib poʻpisa qiladi: — Agar oʻshanda roʻpara boʻlganingiz-a!-

Yoʻldosh aka oʻzini olib qochgan boʻladi.

Bu voqea shunday:

Qishloqda Sharvon buvi degan soʻqqabosh kampir bor edi. Rahmatli bir parcha yerida koʻkat, rezavor yetishtirar, ba’zan ermak uchun bozorga ham eltar edi. Bir kuni Yoʻldosh aka hol-ahvol soʻramoq uchun uning hovlisiga kirsa, ipga qalampir tizib oʻtirgan ekan. Hamiyati qoʻzgʻab, «Mana bunga goʻsht olib keng», deb pul beradi. Kampir uni alqaydi, ketayotganida qoʻyarda-qoʻymay bir tizim qalampir tutqazadi. Yoʻlda, albatta, Sobir omborchi «kutib» oʻtirgan boʻladi.
— Nima koʻtarib yuribsiz, Yoʻldoshboy? — deb soʻraydi u.
— Dori, Sobir aka, dori.
— Yopiray!
— Tuni bilan oyoqlarim zirqiraydigan boʻlib qoldi.
— Endi, mehnatga boʻyin beribsizki, suvchilik qilasiz. Oyoqqa yetti qavat paytava oʻrab, mana bu savilni, — Sobir omborchi hassasi bilan Yoʻldosh akaning brezent etigini niqtab koʻrsatadi, — kiyganingizda ham zax oʻtadi. Nega? Tagligi rezinka, charm emas.
— Toʻgʻri aytasiz. Yaqinda sizning qatoringizga qoʻshilaman, chogʻi.
— Yoʻq-yoʻq! Zinhor, Yoʻldoshboy! — Sobir omborchi toqatsizlangancha oʻrnida qoʻzgʻalib oladi. — Dard bilan hazillashmang, uni eskirtirmang. Darhol dori-darmon qiling.
— Aslo tashvishlanmang, Sobir aka. Mana, davosini topdim.
— Yopiray! — Sobir omborchi ishonqiramay bir qalampirga, bir Yoʻldosh aka qaraydi.
— Ishonchli odam aytdi.
— Qani-qani?
— Unga ham birov aytgan ekan.
— Ishonchli odam?

Yoʻldosh aka pinak buzmaydi:
— Ishonchli odam. «Oʻn besh dona qalampirni dogʻ suvga maydalab toʻgʻrab, boʻynimdan pastini oʻn minut bugʻladimu uch yil azob bergan bodni koʻrmaganday boʻlib ketdim», dedi.
— Buni qarang-a! — Sobir omborchi qoʻshnisining koʻcha eshigiga qarab-qarab qoʻyadi. Zorlangan ohangda mingʻirlaydi: — Oltinboy tushmagur nega chiqmayapti? — Keyin gap nima haqda borayotgani birdan esiga tushib, shoshib qoladi: — Qarang-a! Zaharni zahar kesadi, deganlariday, a! Tizimingizda... Oʻn beshtadan koʻp-ku?

Yoʻldosh aka uning muddaosini darrov tushunadi.
— Kerakli toshning ogʻirligi yoʻq.
— Boʻlmasa... menga ham besh-oʻnta...
— Ana endi! Koʻrgandan — koʻz haqi, deng.
— Savob uchun, Yoʻldoshboy, savob uchun!

Yoʻldosh aka qalampirni sanab unga uzatadi, qay-tarib olib yana sanaydi.
— Oʻn oltita boʻlib ketibdi.
— Ha-ha, oling bir donasini, — deydi Sobir omborchi. — Baniyati shifo boʻlganidan keyin rasamadi bilan boʻlgani durust. — U Yoʻldosh aka uzatgan qalampirga ikkala qoʻlini hovuch qilib tutarkan, yana qoʻshnisining eshigiga qaraydi. — Shu paytgacha Oltinboy bedarak?

Yoʻldosh aka uning laqqa tushishini xayoliga ham keltirmaydi, ertasiga Oltinboy aka kula-kula gapirib berganida esa hang-mang boʻlib qoladi: nahotki, umr boʻyi tarozining pallasini oʻynatgan, choʻt qoqqan odam shunchalik goʻl boʻlsa?!

Oltinboy akaning aytishicha, oʻsha kuni Sobir omborchining uyidagilar qayoqqadir ketishgan ekan. Oyogʻini sudrab yurib suv isitadi, qalampirlarni myasorubkadan oʻtkazadi. Suvga tushib, oʻzini bir oz bugʻlaydiyu dod sola boshlaydi. Oltinboy aka yugurib chiqsa, Sobir omborchi qip-yalangʻoch, xonaning u burchagidan bu burchagiga yumalarmish, yakkash: «Alining qilichiga yoʻliqqur, Yoʻldosh!», deb qargʻarmish. Oltinboy aka tuni bilan suv tashib, ustidan quyibdi.

Sobir omborchi ikki kungacha koʻchaga chiqolmaydi. Unga roʻpara kelishdan uyalgan Yoʻldosh aka esa toʻrt kun guzar yuzini koʻrmaydi. Beshinchi kuni koʻchaning narigi betidan pusib oʻtib ketayotganida jigarrang darvoza gʻiyqillab, Yoʻldosh aka taqqa toʻxtab qoladi.
— Hormang, Yoʻldoshboy!

Yoʻldosh aka sal hayallasa, Sobir omborchi yugurib kelib, ayb ish ustida qoʻlga tushirishidan qoʻrqqan kabi koʻchani jadal kesib oʻtib u bilan koʻrishadi, tovushida, yuz-koʻzlarida na gʻazab yo alamni, na ginaxonlikni sezadi, balki chehrasining ochiq, boqishlarining samimiyligini koʻrib, negadir uzr soʻrashga botinolmaydi. Keyin-keyin u oʻsha voqeaga shama qilib hazillashadigan, Sobir omborchi bundan allanechuk huzurlanadigan va hatto hassasini koʻtarib poʻpisa bilan Yoʻldosh akani ragʻbatlantiradigan boʻlib qoladi...»

Men avvalgi «eskiz»lar bilan bu «eskiz» oʻrtasida mushtaraklik qidiraman, ammo topolmayman. Hayratlanaman: axir, ular bir odam-ku? Yoʻq, mushtaraklik boʻlishi kerak, shart. Men uni topishim, palitramga asos qilib olishim zarur. Uni topmaguncha moʻyqalamni qoʻlga olishga yuragim dov bermaydi. Yurak shaklidagi taxtacha — palitradagi boʻyoqlar qorishigʻi yoqmaydi. Uni hafsala bilan qirib tashlayman, yuvaman. Birdan ranglarning inson ichki dunyosini ifodalashga naqadar ojizligini sezib qolaman. Bunga qarshi isyon koʻtarib, olamni ostin-ustun qilib yuborgim keladi. Lekin koʻz oʻngimda ustozlarim paydo boʻladi, ular qoʻlimdan tutib kursiga oʻtkazib qoʻyishadi. Endi noshud shogirdni tahqirlovchi, azoblovchi his ruhimni eza boshlaydi, bir ozdan keyin oʻzimni majruh sezaman.
— Atayin ovqat buyurib, bu nima oʻtirish endi? - degancha xotinim ikkinchi marta derazadan boshini suqadi.

Men unga yeb yuborgudek boʻlib qarayman, ovozimga butun qahr-zahrimni joylab, ammo dadam bilan oyim eshitmasliklari uchun shivirlagannamo oʻshqiraman:
— Tinch qoʻyasizmi, yoʻqmi? Agʻdarib tashlang qozonni!

Bu gʻazab va nafrat noshud rassomga — Oʻzimga nisbatan ekanini u qaydan tushunsin? Kipriklari pirpirab, koʻzlarida yosh gʻiltillagancha qarab turadi-da, burilib ketadi. Ketidan men ham asta chiqaman.
— Taomni mahtal qilish — gunoh, deganlar mashoyixlar, — deb oyim tanbeh beradi va mening tund boʻlib, xotinimning tumshayib oʻtirganini koʻrib, dadam bilan koʻz urishtirib oladi, boshqa soʻz qotmaydi.

Bu zil-zambil jimlik changga belangan oʻgʻilchamning kirib kelishiga qadar davom etadi. Oʻgʻlim tirmashib soʻriga chiqadi, allanimalar deb vijirlagancha yelkamga opichadi.
— Hay-hay, tush pastga! — deya oʻshqiradi xotinim uning bilagidan tutib. Men oʻgʻlimning qoʻli ogʻriganini jisman his etib, xotinimga chaqchayib qarayman-u... lekin dadam mendan oldin gapiradi:
— Qoʻy, qizim. Dadasiga emranyapti-da.
— Koʻrpachani tuproq qildi! — deb hovridan tushmaydi xotinim. Buni men — «Shu qoʻrs mehrni biladimi!», deb tushunaman, boshimni koʻtarmayman.
— Koʻrpacha boladan aziz emas, qizim, — deydi oyim.
— Yur, choʻmilib kelamiz, — deyman men. Oʻgʻlim sevinib, qiyqirgancha soʻridan pastga sakraydi.

Muzdek suvdan ruhim tetiklashadi. Olamni ming xil rangda koʻraman va uni xolstga shunchaki, oʻynab oʻtirib koʻchirishga qodirdek his qilaman oʻzimni. Yoʻldosh akaning portretini ishlash nima boʻlibdi! Hozir, hozir moʻyqalamni olamanu... mana bunday qilib... Hozir. Hozir! Oʻgʻlim ikkalamiz hovliga bir-birimizni quvalashib kirib kelamiz, qah-qah urib kulamiz.
— Tavba. Kap-katta kishi-ya! Bu, suratkashlik ham odamni nashaday jinni qilib qoʻyarkan-da,— deydi oyim chorsini kungiralab oʻtirib. Oʻndan «saboq» olayotgan xotinim boshini koʻtarmaydi, menga qochiriq qiladi:

- Voy, endi bilyapsizmi? Oʻgʻlingiz hamisha shunaqalar!

Men unga e’tibor bermay shahd bilan ustaxonaga kiraman, qoʻlimga top-toza palitrani, moʻyqalamni olamanu molbert qarshisida qotib qolaman: boʻyoqlar naqadar ojiz! Yoʻldosh akaning ichki dunyosini ifodalashga ularning qudrati yetmaydi. Asta kursiga oʻtiraman, tugallanmagan portretga tikilib, «ogʻzayu eskiz»larimni yana birma-bir xotirlashdan, ular oʻrtasidagi mushtaraklikni qidirishdan boshqa iloji qolmaydi...

...Va nihoyat uni qalbimning tubida tuygʻular bilan ilgʻayotganimni, ammo idrok qilolmayotganimni sezaman, boʻyoqlarninggina sehriga umid bogʻlab, qoʻlim moʻyqalam olishga jur’at etaman. Haqiqatan ham fikrlarim matoga koʻchayotgandek boʻladi: portret jonlanayotgandek, yuz-koʻzlarini ma’no kasb etayotgandek. Boʻyoqlarning qudrati oldida fikran tiz choʻkaman. Moʻyqalamni tez, ishonch bilan yurgizaman. Qancha mug dat ishlaganimni bilmayman, ammo birdan ranglar fikrlarimni ifodalashga ojizlik qilib qolayotganini sezaman, soʻnggi marta moʻyqalam tegizgan joylarim soxta jilolanayotganini koʻraman. Moʻyqalam qoʻyib, hovliga chiqaman. Daraxt barglarining yashilligida, turfa gullarning rangida, hatto yerning tusida ham soxtalik, ayni paytda ularning barchasida bir xil boʻyoqni sezaman. Xuddi ular ustiga och kulrang kukun yogʻilib turgandek. Osmonga qarayman va oʻzimcha bir narsani kashf etaman: ertalabki feruza jilosh nur toʻzoni yashirgan. Demak, boʻyoqlarga ham oʻsha toʻzon aralashgan. Lekin nima uchun ilgarilari buni sezmadim? Ne-ne kishilarning, oʻnlab rollarni oʻynagan mashhur artistlarning shaxs sifatidagi, takrorlanmas his-tuygʻularga toʻla ichki dunyosini ochib bergan edim shekilli... Mana shu boʻyoqlar bilan! Tabiiy yorugʻlik boʻlsa bas edi. Endi esa Yoʻldosh akaning ichki dunyosini ifodalash uchun boʻyoqlar musaffo yorugʻlikni, oʻzining ibtidoiy rangida matoga tushishni istamoqda.

Negadir xudo odamni loydan yasab, jon kiritgani haqidagi rivoyat xayolimga keladi. «Ha, unga oson boʻlgan, — deb oʻylayman. — Men esa unga jon kiritish uchun boʻyoq tanlashim, nur tanlashim, ularni aql, his-tuygʻular tarozisida oʻlchab, uygʻunlashtirishim kerak». Har qalay, bir sirni anglab yetdim: Yoʻldosh dqaning portretini olam ibtidoiy rangda jilolan-ganda, osmon tiniq paytda, quyoshni toʻzon chulgʻagunga qadar ishlashim kerak. Ana shu paytdagina boʻyoqlar uning ichki dunyosini ochib berish sehriga ega boʻladi.

Men ertangi tong umidida, endi qoʻrqmasdan, aql soʻzi bilan «ogʻzaki eskiz»larimga birma-bir «tikila boshlayman».

«...Kunlarning birida Yoʻldosh aka guzardan qaytayotib jigarrang darvoza oldida toʻxtab qoladi.
— Nima boʻldi, Yoʻldosh aka? — deb soʻraydi bolalarini oʻynatib yurgan ayol.
— Koʻchada bexavotir yurishga ham qoʻymaysan, — deydi Yoʻldosh aka nima uchun toʻxtaganiga oʻzi ham hayron boʻlib.
— Nega, Yoʻldosh aka?
— Qaerga oyoq qoʻyay desam bir tirrancha oʻynab oʻtirgan boʻladi. — Yoʻldosh aka tizzalarini quchoqlab olib, bir-biriga gal bermay chugʻurlashayotgan bolakaylarni erkalaydi, eng kichigini qoʻliga oladi. — Kimsan, desam, «Qambar akaning oʻgʻliman» deydi. — U iyagi bilan goʻdakning boʻynini qitiqlaydi, bolakay qiyqirib oʻzini tortadi. — Bu ham senikidir hali?
— Boʻlmasa-chi!
— Oʻzi ham oʻn beshtaga borib qolgan-ov?
— Oʻn ikkitagina, Yoʻldosh aka.
— Yoʻq, mana bunisini qoʻshmayapsan. — U yana bir bolakayni qoʻliga oladi. — Ertaga holva olib kelsang, hammasi dasturxon boshida toʻplanadi, Qambar ikkalang sananglar. Adashmanglar.

Shu payt Sobir omborchining, «Yoʻldoshboy!», degan ovozi eshitiladi.
— Sobir togʻani koʻrmaganingizga hushingizdan ayrilib turgan edingiz-u, tagʻin mening bolalarimga toʻnkaysiz-a, — deydi juvon oʻpkalanib.
— Shuni hali aytmaysanmi! — deb Yoʻddosh aka qoʻlidagi bolakayni unga tutqazadi. — Hov, Sobir aka!
— Bu yoqqa kiring, gap bor!

Yoʻldosh aka kirib borganida Sobir omborchi soʻrining toʻrida oʻtirib olib dumba yogʻ toʻgʻrayotgan, kampiri hovlining bir burchida gulxan yoqib kalla-pocha kuydirayotgan, kelini oʻchoqboshida kuymalanib yurgan boʻladi.
— Keling, Yoʻldoshboy, keling-e! — Sobir ombor-chi xuddi otasi tirilib kelgandek sevinadi. — Bugun qoʻchqorni agʻdardik. Oʻzingizni uchratolmadim, chaqir tirib kelarkanman-da, deb turgan edim. Oltinboy! es qursin! Bugun uyida yoʻq edi-ku. Kelin, jigarnts yogʻda bir-ikki aylantirib olakeling, ona qizim. Kampir, devordan Madrayimni chaqir, «Yoʻldoshboy keldi», de. — Sobir omborchi Yoʻddosh akaga gal bermaslik uchunmi, tinimsiz gapiradi, hayajoni baralla sezilib turibdi, uni yashirishga urinmaydi ham. Yoʻldosh aka uni birinchi marta bunday holatda koʻrganidan hayratlanib oʻtiradi.
— Endi, Yoʻldoshboy, bir ish qilamiz. Ha, men sudralib yurmayin. Oʻgʻilgina ham kelaqolmadi, yertoʻlaga oʻzingiz tushing, bir nima bor. Kelin, bu yogʻini tezlatib yuboring, ona qizim.

Yoʻldosh aka yertoʻlaga tushadi. Sobir omborchi hamon gapiradi:
— Oʻzimizning uzumdan, qoʻlbola. Toʻrdagi idishlardan tanlang, Yoʻldoshboy. Kelin, uch-toʻrt dona pamildori ham berasizmi, ona qizim? Kampir, Madrayim nima deydi? Ha mayli, kelib qolar. Yoʻldoshboy, bedarak ketdingiz? — Yoʻldosh akani koʻrishi bilan boshini chayqaydi, oʻrnidan turishga taraddudlanadi. — He attang, he attang! Polizga kirib, xamak yeysizmi?

Choʻtga oshna boʻlgan har qanday odam singari hisobdon, toʻgʻrisini aytganda, xasislik darajasida hisobdon sanalgan Sobir omborchining saxiyligiga Yoʻldosh akaning lol qolgani shunchalikki, hatto uning yertoʻlaga tushishiga koʻmaklashish ham xayoliga kelmaydi. U yerda allanima gursillab tushganida ham oʻrnidan jilmaydi. «Qoʻltikdan olib yuboring, Yoʻldoshboy!», degan ovoz eshitilganidagina sergak tortib, Sobig omborchini oʻrnidan turgʻazadi.
— Falokat-da, falokat. — Sobir omborchi devorni paypaslab chiroqni yoqadi. — Hu anovi uch litr bankani oling. Ha, uch yillik oʻsha, uch yillik.

Yoʻldosh aka bir amallab Sobir omborchini yuqoriga tortib oladi.
— Dard qursin, bu dard qursin. — Sobir omborchining ovozi koʻz yoshidan namlanib chiqadi. — Koʻp arqon qolyaptida buning dastidan.

Yoʻldosh aka unga rahmi kelib, negadir toʻliqib ketadi. Bir piyola musallasni ichib, Sobir omborchi ortiqcha takalluf bilan uzatgan jigarni gazak qilgach, oʻzini tiyib turolmaydi:
— Sobir aka, sizning oldingizda gunohkorman. Oʻshanda... aytganimni qilasiz, deb sira oʻylamagan edim.
— Yoʻq, Yoʻldoshboy, yoʻq, — deb Sobir omborchi uning gapini boʻladiyu bir muddat indamay qoladi. — Meni har nima qilsangiz arziydi.
— Unday demang, Sobir aka. Men sizni bunchalik goʻl...
— Oʻttiz ikki yil boʻldi, Yoʻldoshboy, — deb Sobir omborchi yana uning gapini boʻladi, — Oʻzimga bir dard ilashtirganman. Yosh oʻtgan sari u meni halok qilyapti. Birovga yorilolmayman. — U yana indamay qoladi. — Turmushingizni, farzandlaringizni oʻylab sal yengil tortaman. Kayfingizni chogʻ koʻrsam, yelkamdan bosib turgan yuk agʻdarilganday boʻladi...

Chordana qurgan Yoʻldosh aka qoʻllarini tizzalariga qoʻygancha enkayib, koʻzlarini yumib oʻtiradi. Goʻyo koʻpdan-koʻp boʻronlarni koʻrgan qoya yana bir dovulni boshdan kechirmoq-da.
— Biroq, Yoʻldoshboy, ozmuncha savdo oʻtdimi yolgʻiz boshingizdan? Qayliqdan ajrash, sakkiz yil qamoq, onangiz rahmatlining oh-figʻoni... Gapimni boʻlmang, gapimni boʻlmang, — deydi Sobir omborchi va fikrlarini jamlamoqchidek bir necha lahza indamay qoladi. — Siz temir sandiqni qulflamay chiqib ketdingiz. Madamin — iloyim yer borib xabar tortmasin, oʻzingiz bilasiz, bosh hisobchi edi — menga: «Pulni olib bering, bir tentiratamiz», dedi. Olib berdim, qopi bilan shkafga yashirib qoʻydi. Siz qaytib keldingiz-u, sandiqni ochib koʻrmay qulflab, yana chiqib ketdingiz. Oʻsha kuni yarim tunda Choʻlpon choʻloq kelib, bilasiz, idora qorovuli edi, saharlab choʻlga, chorvani taftish qilishga ketishim kerakligini aytdi. Bu gap avval ham bor edi-yu, muddati aniq emasdi. «Saharlab boʻlsa saharlab-da», dedimu choʻlga joʻnab ketdim.— Sobir omborchi gapdan tinib, dardli toʻlgʻanadi. — Madaminning bu qadar qabihligini bilmas ekanman. Qor bosib, choʻlda, bir hafta qolib ketdim. Uyga qosh qorayganda kelib, ogʻilxonada otni bogʻlab tursam, Madamin kirdi. «Xudo urdi, Sobirjon, — dedi. — Hazadning tagi zilga aylanib ketdi. Endi yopiqlik qozon yopiqligicha qolsin». Aytishicha, xayolidan koʻtarilib pul oʻsha shkafda qolganmish, ertasiga kelib qarasa, yoʻq emish. «Ogʻiz ochsang, ikkalamiz baloga qolamiz», dedi. «Yoʻldoshboy juvonmarg boʻlib ketadi-ku?», dedim. «U frontchi, medallari bor, Stalindan rahmatnoma olgan, uni qamashmaydi. Sen bilan men ilinib qolsak, omon qoʻyishmaydi», dedi. Oʻshanda mana bu xumkalla, — Sobir omborchi peshanasiga mushti bilan ikki marta uradi, — pand bergan, ishlamagan, meni doʻzax oʻtiga tashlagan...
— Qoʻying, Sobir aka, oʻtgan ishga salavot, — deya Yoʻldosh aka uning gapini boʻlib, boshini koʻtaradi. Sobir omborchi boshini koʻtarmay davom etadi: — Oʻttiz ikki yilddn beri tutayman. Bir necha bor oʻzingizga aytishga ogʻiz juftladim. Ammo qaysi yuz bilan! Oʻzi bilib, abjagʻimni chiqarib tashlasa edi, deb orzu qilardim. Qalampirga ham tushunib turib oʻzimni bugʻladim. Sizning aytganingizni qilib azob tortsam, yelkamdan bosib turgan yuk agʻdarilarmikan, deb oʻyladim. Yana chidamaganimdan, sizni qargʻadim, xafa boʻlmang, chin koʻngildan emas, shunchaki, etim achishganiga chidamaganimdan, xolos...
— Joningizni qiynab nima qilardingiz? — Yoʻldosh aka kulishga urinadi.
— Yoʻq, yuk ogʻir, juda ogʻir. Oʻylab koʻrsam, yosh ham oʻtib qolibdi. Dard ichimda ketmasin, dedim-u, mana, yuzimni sidirib tashladim. Bor gap shu, Yoʻldoshboy.
— Hech narsa emas ekan-ku!

Sobir omborchi mijjalari qizarib ketgan koʻzlarini unga tikadi. Yoʻldosh akaning kulimsirab turganini koʻrib, ichida nimadir uzilib ketgandek, yuzlari ogʻrikdan bujmaygancha boshini egadi.
— Erkakmisiz? Sizda zarda degan narsa bormi?— deydi u boʻgʻilib, ta’nali ohangda.
— Mening gumonlarim toʻgʻri ekan.
— Nimaga oʻshanda aytmadingiz — deb xunob boʻladi Sobir omborchi.
— Kuniga choyimiz bir, nonimiz bir, uka-uka qilib yurardilaring. Gumonimni aytishga uyaldim. Lekin sudda ogʻizlaringga tikildim. Indamadilaring. Oʻlimga hukm qilishmayapti-ku, qaytib kelib ana shular bilan yashayman-ku, qolaversa, onam bilan qayligʻim shu yerda, oʻrtaga sovuqchilik tushmasin, dedim.
— Yoʻldoshboy! — deya Sobir omborchi ogʻriqni bazoʻr yengib boʻgʻiladi, ammo boshini koʻtarmaydi. — Keting! Siz bu dunyoga yanglish kelib qolgansiz yo ancha erta kelgansiz. Bu dunyo Madaminlarning, Sobirlarning dunyosi! Bu toshlarga siz posangi boʻlolmaysiz.
— Yoʻq, siz meni odamlikka qaytardingiz, Sobir aka, — deydi Yoʻldosh aka uni tinglashga majbur qiladigan samimiyat bilan. — Qamoqdan qaytganimdan keyin ham uzoq vaqt odamlarning ogʻziga qarab yurdim. Madamin aka olamdan oʻtdi. Siz indayvermadingiz. — U bir muddat tin oladi. — Nahotki, odam bolasi shunchalik ifloslikka qodir boʻlsa, deb oʻylanib, oʻzimdan-oʻzim xafa boʻlib yurardim...
— Sendan xafa boʻlib yurardim, deng, shunday deng!..
— Bari bir emasmi? Siz ham odamsiz, men ham. Yoʻq, odam bolasi qabihlikka qodir emas ekan. Odam boʻlib tugʻilganingga xursand yashayversang arzirkan.
— Yoʻldoshboy, turing, joʻnang, keting, — deydi Sobir omborchi va boshini yostiqqa qoʻyadi. — Siz bu dunyoga yanglish kelib qolgansiz...»

Men ham odam boʻlib tugʻilganimdan xursand, xirgoyi qilgancha moʻyqalamni tez va ishonch bilan yurgizaman. Birdan palitramga yashil — serjilva oʻynoqi va shoʻx rangni aralashtirayotganimni sezaman. Nima uchun u matoga tushishni istab qoldi? Portretning vazmin, oʻychan ruhiga putur yetkazmaydimi? «Odam boʻlib tugʻilganingga xursand yashayversang arzirkan! Oʻylanib qolaman, hatto molbertdan podramnikni olib, yangi mato qoʻyish, boʻyoqlarga yashil rangni aralashtirib, portretni boshqatdan ishlash fikri tugʻiladi. Lekin shoshmayman, «ogʻzaki eskiz»larim orasidan «yashil»larini qidiraman va bir donishmandning «Hayotni xuddi koʻzgu kabi aks ettirish hali san’at emas, san’at — Oʻsha koʻzgu tashqarisidagi hayot haqiqatini tasvirlashdir», degan fikrini esladim.

Shu payt oʻgʻlimni yelkasida koʻtarib Yoʻldosh aka kirib keladi.
— Togʻa, — deydi u oʻgʻilchamni koʻz-koʻz qilgandek soʻridan ancha narida toʻxtab, — hamma poshsholar bolalardan boʻlsa, ja ajoyib boʻlardi-da! Odam umrini oʻynab-kulib oʻtkazardi.
— Obbo, avliyo-ey! Obbo, avliyo-ey! — Yonboshlab yotgan dadam oʻrnidan turib oʻtiradi. — Topgan gapits-gizni qarang-a!
— Rost, togʻa. — Yoʻldosh aka oʻgʻlimni pastga tushirib, dadamning yoniga oʻtiradi, u tomon engashib dil-dilidan gapiradi: — Anovi Krater degan kojbahs ham... — U menga yuzlanadi: — Shundaymi, Amerika poshshosining oti Kratermidi?
— Yoʻq, krater — oydagi dogʻlar...
— Anovining oti-chi?— deb soʻzimni boʻladi Yoʻldosh aka.
— «Anovi»ning oti — Karter.
— Farqi yoʻq ekan-ku, boshni aylantirasan. Bu ham yerdagi dogʻ-da. Oʻsha Krater kojbahs ham taxtini birorta bolaga boʻshatib berganida! Bola xalqining irqiyu millati yoʻq, davlatining chegarasi ham boʻlmaydi. Lekin togʻa, ikki yuz yil, uch yuz yil yashardik-da…

Xayollarim uchib ketadi. Shuncha kun mashaqqat chekib, nur tanlab, rang tanlab, moʻyqalam uchi bilan yaratgan portretim chippakka chikdi. Yoʻldosh akaning hozirgi qiyofasini, yuz-koʻzlaridagi ma’noni ifodalash qudratiga ega boʻlgan soʻzlar, ranglar olamda yoʻq. Ehtimol, uni matoga koʻchirish uchun ertalabki quyosh nuri kerakdir! «Avliyo! Avliyo!», deb xitob qilaman ichimda va qaerdadir koʻrgan suratim esimga tushadi: yam-yashil maysa va rang-barang dala gullariga tizzasidan koʻmilgan qip-yalangʻoch bolakay yuz-koʻzlari kulgidan yashnab, ikki qoʻlini yozgancha quyoshga talpinib turibdi. Miyamga yana shunday fikr keladi: Yoʻldosh akaning portretini ishlashdan Odam Atoning suratini chizish oson. Yer, Quyosh va qip-yalangʻoch Odam Ato! Ehtimol, yuzida, koʻzlarida olamning ship-shiydamligidan hayratlanish ifodasi boʻlar? Boringki, Momo Havoni koʻrganida quvonsin ham. Uning suratini chizish oson! Ammo hozirgi odamlar... Agar Odam Atoni Yer betida tasvirlash lozim boʻlsa, Yerni hozirgi odamlarning yuragiga sigʻdirish kerak. Uning tebranishiyu larzaga kelishi bilan, bor quvonchiyu tashvishi bilan! Ha, Odam Atoning suratini chizish ming karra oson. U endigina paydo boʻlgan edi, bizning bugungi kunimizga yetib kelishi uchun esa million-million yillarni yashab oʻtishi, yuzlab asrlarning yukini yelkasiga olishi kerak. Uning suratini chizish oson. Ammo hozirgi odamlar... Agar ularning biri Yoʻldosh aka boʻlsa... Avliyo u, avliyo!