OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOmon Matjon
Asar nomi«Uchinchi daryo mavjlari»
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Omon Matjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Adabiy suhbatlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 7-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Uchinchi daryo mavjlari»
Omon Matjon

Yaxshi she’r yozish iste’dodni, uni maromiga yetkazib oʻqiy olish esa chinakam san’atkorlikni talab etadi. Omon akaga buning ikkalasi ham nasib etgan. Ayniqsa, she’rini oʻzi oʻqiganda bu hol yaqqol seziladi: satrlarni boʻlib-boʻlib, nozik joylarini ohista, zalvorli joylarini esa jaranglatib oʻqiganda she’rning qirralari billurday yaraqlab ketadi, jozibasi boʻrtib koʻrinadi, tagma’nolari jilolanib ochiladi...

Omon aka bilan suhbat qilish istagi allaqachon tugʻilgandi. Biroq qulay fursat topolmay yurgandim. Nihoyat taniqli shoirimizning 60 yoshga toʻlayotgani bahona boʻldiyu, qoʻngʻiroq qilib tabrikladim va maqsadimni aytdim. Rozi boʻldi, lekin shart qoʻydi: «Faqat noodatiy savollar boʻlsa, oddiy suhbatlardan farq qilsa!», dedi. Ochigʻi, bunday «tesha tegmagan», noyob savollarni topa olmadimu, shunga bir qadar harakat qildim.
— Ijtimoiy sharoit, muhitning ijodga ta’siri kunday ravshan. Biroq, xolisona aytganda, Vaqtning ijodga ta’siri qanday?
— Bu judayam murakkab savol. Bunday qaraganda, Vaqt shunday narsaki, hisoblasa — bor, hisoblamasa — yoʻq. Uni era, asr, yil, kun, soat deb belgilab olganmiz, bu yaxshi narsa. Chunki umrning oʻlchovli ekanliginiyam bildirib turadi har holda soat. Baribir ijtimoiy sharoit umr manzillariga jiddiy qarashga majbur qiladi va buning oʻziyam yaxshi. Kelgan yoʻliga bir qarab, bu yogʻiga nima ish qilish kerakligini odam bir oʻylab koʻradi, belgilab oladi.
— She’rda aytganingizdek:

Koʻkdan yerga bir ne tutash koʻrinar,
Umr — oʻz burchingni oʻtash koʻrinar.
"Avlodlar almashar!" — degan gap bekor,
Bu — har kimni bir-bir sinash koʻrinar.

— Chindan ham bu bir sinov-da...
— Oʻz-oʻzini tanqid masalasiga qanday qaraysiz?
— Yevgeniy Yevtushenkoning shunday bir gapi bor: Yozgan kitoblarimni, avval bitgan she’rlarimni varaqlab «Nahotki shularni men yozgan boʻlsam, bundan durustroq ham yozishim mumkin edi-ku». deyman ba’zan, deydi. Mana shu oʻz-oʻzini tanqid, ijodkor uchun avvalgi yozganlariga oʻxshamaydiganroq yana bir boshqa shakllarda yozishga intilish — bu men uchun maroqli ish. Chunki bu yerda oʻqigan kitoblaringning ozligi, malakalaringga e’tibor bermayotganing ma’lum boʻlib qoladi.
— Muayyan davr, deylik, bugunning taqozosi va atrofingizdagi odamlar munosabatiga e’tibor berasizmi?
— Bugunni analiz qilish uchun odamda ham turmush malakasi, ham oʻquv malakasi, ham uquv malakasi boʻlishi kerak. Agar, deylik, bugun bir ibratli soʻzni zamondoshing aytsa, bu haqda anov olim unday, falon donishmand bunday degan edi-ku, deb eslay olish lozim. Shuning uchun odam yozgan narsasini ham qattiq tanqid qilib tashlaydigan, ham juda maqtaydigan, ham bir maromda fikr aytadigan — uch xil odamlarga e’lon qilishdan oldin asarini oʻqitsa, foydadan xoli boʻlmaydi.
— Boʻsh vaqtingizga qarab ijodiy kayfiyat yarata olasizmi oʻzingizda?
— Haqiqatan oʻrinli savol. Bilasizmi, Safar, ba’zida ikki-uch kunlab yolgʻiz qolaman, shuni yaxshi koʻraman. Ba’zan gʻoyalar, fikrlar, she’rga mavzu boʻladigan qiziq narsalar boshga kelib yuradi — oʻn kun, bir oy, uch oy, olti oy... Asosiylari, ikkinchi darajali boʻlmaganlari esdan chiqib ketmay toʻxtovsiz qaytib kelaveradi. Boʻsh vaqt menga shularni qogʻozga tushirish uchun kerak boʻladi. Koʻpincha odamlar hayron boʻladi: qanaqa qilib buncha asar yozasiz, uchrashuv koʻp, safarlar koʻp, qolaversa, ish... Bunda boʻsh vaqtning ta’siri albatta bor. Kayfiyat ham durustroq boʻlishi kerak.
— Nooʻrin kamsitadigan kimsalarga qanday munosabatda boʻlasiz?
— Ba’zan nooʻrin xafa qilishsa, ichimda «oʻch olsammikan, birovlar shuni qilyapti-ku, koʻrib turibman men» deyman. Lekin menga otamning, boshqa yaxshi odamlarning nasihati bor: jazo, oʻch Xudoniki, sen aralashma! Shunday deb taskin topasanu, lekin judayam ustingga chiqib olishigayam qoʻyib qoʻyish kerak emas. Yomon jazolanmasa, demak, u yana davom etaveradi-da. Qanaqadir bir yoʻlini topish kerak. Shuning uchun umrning, odamga berilgan katta sukut lahzalarining, tinchlikning, osoyishtalikning qadriga yetish kerak.
— Baribir oʻz davrimizdan ajralib yasholmaymiz...
—Toʻgʻri, oʻz davrimizning odamlarimiz. Biz koʻpchilikning shodligi bilan shodlanib ketaveramiz. Boshqalarning tashvishi sening tashvishingday tuyuladi. Kecha haligi «Kolumbiya» kemasining halokati tafsilotlarini koʻrib, koʻzlarimdan yosh chiqib ketdi... Yigirma yillik kema edi u, havoning qattiq qatlamiga dosh berolmay portlab ketdi. Uning ichida hind qiziyam bor, isroillik odam ham bor — turli millat vakillari bor. Ochiq kosmosdagi elchilarimiz edi-da ular.
— Inson kutilmagan vaziyatlardan, hatto hodisa-falokatlardan ham teran xulosa chiqarishi lozim, demoqchisiz-da?
— Ha, Vaqt hisobga oʻtmaydi, dedimu suhbatimiz boshida. Qiziq-da, shaxmatchilar oʻrtasidagi soatning tugmachasini bosganda raqibning hisobiga chiqillab ishlay boshlaydi: «qani yur yurishingni» deb bir-biriga soat tugmasini bosib qoʻyishadi-ku. Oʻzining emas, raqibining vaqtini belgilaydi aslida ular. Meningcha, «qani yur, yurishingni qil» deb hayot — Xudoyi taolo bizga shunday Vaqtni bergan ekan, uning ne’matlaridan, barcha yaxshiliklaridan foydalanmoqqa hamma muyassar boʻlsin:

Yashash, bu — orzular qanotin kermoq,
Yashash, bu — muhabbat gullarin termoq.
Yashash, bu — umrning gulgun damlarin
El uchun yashamoq, el uchun bermoq.

— Sizningcha, badiiy ijod qilishning qiziqligi nimada?
— Mening «Uchinchi daryo» degan she’rim bor. Mashhur hofizimiz Otajon Xudoyshukurovga bagʻishlangan bir payt. Men uni aytishni yaxshi koʻraman:

Men gohi Sirdaryo sayliga borsam,
Koʻnglimga keladi qiziq bir tuygʻu:
Goʻyo yaqin joyda oqib yotganday
Sirdaryodan koʻra kattaroq bir suv.
Shu holga tushaman Xorazmda ham,
Buyuk Amudaryo boʻyida turib.
Goʻyo Jayhundan-da katta bir nahr
Yaqingina joydan oqar oʻkirib.
Bu nima? Qandayin sirli ovoz bu,
Yerdanmi, koʻkdanmi kelar bu sado?!
Nahot, tuprogʻimda koʻzga tashlanmay
Oqib yotgan boʻlsa uchinchi daryo!
Bilmadim, meni koʻp ta’qib etadi
Shu sirli aks-sado, shu ilohiy un.
Ruhim juda yuksak boʻlar shu kezlar,
Vujudim tuproqqa judayam yaqin.

Meningcha, nozillik degan bir gap bor — odamning xayoliga goʻzal oʻy-fikrlar, hofizlarga musiqiy unlar bir yerdan kelib qoladi. Bizning Oʻzbekistonimizda judayam azim, koʻrinmay oqib turgan daryo shovqinlari eshitilib, «oldinga suz» deb turgan, koʻngilga kelgan yaxshi xabarlarni — nozillikni ehtiyot qilish, eng goʻzal shakl va mazmunga oʻrab, koʻpchilik bilan oʻrtoqlashish kerak.

Eng ulugʻ hikmat shunda: menga kelgan chiroyli gapni, fikrni yaxshi odamlarga, yonimdagilarga aytishim kerak. Ular ham toki koʻngliga bir narsa olsin. Turmushning, hayotning goʻzalligi shundan iborat. Mening shaxsan bitta oʻzimga hech narsa kerak emas. Goʻzal narsalarni boʻlishaman, baham koʻraman boshqalar bilan. Yomon narsalarni har kimga aytavermayman...
— Meningcha,shu savolga javob mana bu toʻrtligingizda ham bor:

Mingtadan bir jonni ul dono Hakam
Iste’dod nuri-la etar mukarram.
Inson bu ne’matni muhtaram aylab,
Bahramand etsa shart boshqalarni ham!

— Yaxshi eslatdingiz.
— Uslubni shoirning oʻzi oʻylab topadi. Ammo she’r yoʻnalishini uning tabiati, aniqrogʻi, ruhiyati belgilaydi... Nega shunday?
— Bu juda toʻgʻri. Misol uchun shaklda ham gap koʻp. Odamning shakli har xil, ammo xotira avloddan avlodga qanday oʻtishini hali hech kim bilmaydi. Shakl tanlash — fiziologik hodisa. Oʻn bir boʻgʻindan ortigʻini, masalan, oʻn olti boʻgʻinni oʻqishga ovozim yetadimi-yoʻqmi?! Bu nafasning quvvati bilan bogʻliq-ku! Shakl tanlangandan keyin eng qiyin joyi — ruhning yukini uning ichiga kiritish. Men boʻgʻin sanamayman, she’rning oʻzi quyilib kelganda oʻsha ruhning kuchi shaklni tanlab beradi. Ruh — ichki ovoz aytib turadi, turtki beradi. She’rning qogʻozga tushishi endi oʻsha shoirning savodi, hali aytdim: oʻpka-ovoz imkoniyatlari bilan bogʻliq hodisa boʻlib qoladi. Bu — bir-birini taqozo qiladigan shakl va mazmun birligi.
— Keyingi paytda shaklbozlik she’riyatimizda haddan ziyod koʻpayib ketdi. Aytganingizdek, oʻz uslubiga ruhiyatini mushtarak qilolmaslikning oqibati ekan-da bu?
— Men yosh shoirlarimizning, kim boʻlsayam, hamma shakllarini qabul qilaman, mayli, yozaverishsin. Xokkuda yozish ham bir vaqtlar urf boʻlgandi, keyin tankada, mayli, sochmada, verlibr deymiz — yozishsin. Lekin gap u nima demoqchi ekanligida! Odamlar yaxshi oʻqib, uqib olishi kerak uni.

Gyote aytadi: shoir uch bosqichdan oʻtishi kerak. Birinchi bosqich — judayam sodda yozadi, haligi, Quyosh chiqdi yarqirab, Suvlar oqdi sharqirab... singari; ikkinchi bosqich — (agar shoir shunga koʻtarila olsa, kuchi boʻlsa) juda murakkab. U nima yozayotganini oʻziyam bilmaydi hatto. Soʻzlar quyilib kelib qoldi-da deb nima boʻlsa qogʻozga tushiraveradi. Buyam oʻtishi kerak. Bu yaxshi, yomon emas. Bu — jismi, ruhi uchun sinov. Lekin uchinchi bosqich keladi. Bunga hamma shoir chiqolmaydi. U sodda, tushunarli yozadi, lekin juda koʻp ma’no ijodida yashiringan boʻladi... Men Gyote koʻrsatgan mana shu uchinchi bosqichni yosh shoirlarga, balki oʻzimizgayam tilayman.
— Masalan, yozgansiz-ku:

Oʻzga sayyorada bir shoir goʻdak

Beshigin maqtardi toʻqib kuy-ertak.

Nahotki shu qadar qoʻmsar, sogʻinar

Qoʻl-oyogʻi bogʻliq paytlarni, tentak!..

Komil inson tushunchasi haqida koʻp oʻylaymiz. Umuman, qanday insonlarda komillik alomatlari bor, sizningcha?
— Komillik dunyoning oʻz qurilgan shaklu mazmuniday juda murakkab narsa. Tasavvufdagi yetti bosqich bekorga keltirilgan emas. Xudoyi taoloning qarshisida yolgʻiz oʻzing qolmoqchi boʻlsang, u tomonga bir qadam yurmoqchi boʻlsang — oʻzni pokla. Dastlab odam oʻzini jisman, ruhan poklay olishi komillik sari oldinga qoʻyilgan bir qadam.

Komillik juda katta bilimni, albatta, bilimni va yana bilimni, keyin ma’lum hayotiy tajribalarni, oʻxshash narsalarni kuzatishdan xulosa qila olishni talab qiladi. Hamma ham xulosa chiqaravermaydi. Komillikka borishning asosida mantiq turadi.

Bizning sharoitimizda eng komil deb el orasida shunga intilayotgan odamni aytish mumkin. Buning zamirida diydor, insoniy munosabatlar bilan bogʻliq, juda koʻp narsa mavjud.
— Ulugʻ tarixiy shaxslarning badiiy obrazlarini yaratishning oʻziga xos murakkabliklari, nozik jihatlari nimalarda koʻrinadi? Mana, Xoja Ahror Valiy haqidagi «Xaloskor ruh» asaringizni yozishda Siz nimalarga e’tiborni qaratdingiz?
— Rassomdek xayolimni chizib berolmagach, shu ojiz holimda shoirmanmi men, deydi Choʻlpon. Navoiy, Ogahiy gʻazallariga muxammas bogʻlaganman, ammo Mashrab haqida yozishdan doim qoʻrqqanman. Chunki, u — avliyo. Uni yozish uchun inson qandaydir oʻzga holatga kirmogʻi kerak... Tushda choʻqmor bilan quvib qolmasa, yozishga jur’at qilsa boʻladi. Avliyolar bilan hazillashib boʻlmaydi. Xuddi shunday ulugʻ insonlar bor. Ular haqida yozishing uchun yo u zot tushingda ayon boʻlishi, yo oʻzing ruhan tayyor boʻlishing kerak. Shayx Kubro, Yassaviy hazratlari, Xoja Ahror Valiy, Mashrab, Soʻfi Olloyor — bilganlarim, bilmaganlarim qancha. Bular haqida yozishga ma’lum diniy-tasavvufiy qoidalarni oʻtab, poklanib, tozalanib, keyin qoʻl urmoq kerak. Irimiyam, an’anasiyam shu.
— Suhbatimizni vaqt mavzusi bilan boshlagan edik, xotimasi ham shunga yaqin boʻlsa: mana, oltmish yoshga toʻldingiz — bu toʻy, yaxshi, albatta. Ammo vaqt nuqtai nazaridan qanday: birpasda shu yoshga kelib qolganday boʻlmayapsizmi?
— Vaqt adadsiz tushuncha. Yaratgan, bandalarini bir qur oʻziga nazar tashlasin deb tongni ottiradi, kunni bottirib, oʻziga, oʻz hayotiga yana bir boqib koʻrsin deb tagʻin tongga peshvoz qilaveradi. Buning bari inson uchun imkoniyat. Faylasuflardan biri, meningcha, Aristotel aytgan, xudo yerni mukammal qilib yaratgan: uning na poygagi, na toʻri bor — aylana shaklda, deb. Quyosh atrofida qancha planetalar mavjud. Agar eng yaqin yulduzga odam yetib bora olsa va «Biz shu yulduzga yetib keldik» degan xabarni radiotoʻlqin orqali Yerga yuborsa, bu tovush 42 yilda yetib kelarkan! Gʻafur Gʻulom aytganidek, «Uzilgan bir kiprik, abad yoʻqolmas, Shunchalar mustahkam xonai xurshid...»

Shunday ekan, menga yashash uchun vaqtni koʻp berding yoki oz berding, deb shakkoklik qilib boʻlmaydi. Men Oʻzbekistonda tugʻilganimdan benihoya xursandman. Yana, umrimni tinch zamonga ravo koʻrgani uchun Ollohga benihoya shukronalar aytaman.
— Sir boʻlmasa, qanday yangi asar ustida ishlayapsiz?
— Men odatda yangi asarimni, bitmaguncha, sir saqlar edim, bugun nimagadir aytgim kelyapti. Hozir tarixiy bir asar ustida ishlayapman, yoʻnalishi, syujetlari — hammasi tayyor. Faqat siz aytganday, bir ijodiy kayfiyat boʻlib qolsa, qogʻozga tushirib olsam boʻlgani. Hozircha bari xayolimda. Tarixda Xorazm tomonlarda Toʻrabekxonim degan malika yashagan. Uni Sulton Sunjor (Sanjar emas) sevib qolgan, malika oilali boʻlishiga qaramay unga uylanmoqchi boʻlgan. Malika koʻnmagan. Sunjor Amudaryoning uning saltanatiga oqadigan oʻzanini (u paytda Jayhun oʻsha joylarda uchga boʻlinib oqqan) boʻgʻib qoʻygan. Shunda malika qoʻriqchilari bilan sultonning oldiga borib, ayolning makri-hiylasi deymizmi, tadbirkorligi yo zukkoligi deymizmi, oʻzanni bir oʻzi ochtirgan. Endi, buni qanday amalga oshirgan?...
— Demak, bu yogʻi asardan ma’lum boʻladi.
— Ha, shunday boʻlgani ma’qul.
— Nomi qanaqa?
— Shu, «Toʻrabekxonim» deb atayapman. Bitsa, birinchi navbatda bir qismini sevimli «Adabiyot va san’at» gazetamizga, toʻligʻini «Sharq yulduzi»ga olib boraman, inshoollo.
— Sizga ijodiy kayfiyat va kuch-quvvat tilayman.
— Rahmat, chin dildan rahmat. Salomat boʻling.

Suhbatdosh: Safar Olloyor