OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOmon Muxtor
Asar nomiAmir Alisherning dardi (drama)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Omon Muxtor
Uslub
   - Teatr va dramaturgiya
Shakl
   - Pyesalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm79KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/12/14
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
«Ёшлик» журнали, 2-сон, 2011 йил


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Amir Alisherning dardi (drama)
Omon Muxtor

«

Buyuk Alisher Navoiy tavalludining 570 yilligiga
»
Ikki parda, oʻn ikki holatdan iborat drama

Qatnashuvchilar:

Alisher Navoiy – ulugʻ shoir va mutafakkir
Husayn Boyqaro – Xuroson shohi
Sulton Badiuzzamon – shahzoda
Mavlono Sohibdoro – Navoiyning doʻsti
Majididdin Muhammad – vazir
Amir Valibek,
Amir Ali Bobo,
Abdulxay tabib,
Xoʻja Shahobiddin – saroyga doxil kishilar
Nozanin – Navoiyning muhabbati ramzi
Shijo’uddin Zunnun – Badiuzzamon lashkari sarkardasi
Haydarbek – buzgʻunchi

Keksa Muarrix, elchilar, mulozimlar, muazzin va some’lar, sipohilar, sahrodagi kishilar va osiylar.

Voqea 1498-1500 yillar orasida Hirot shahri va uning atroflarida kechadi.

Muqaddima

Sahna oldidan Keksa Muarrix oʻtib ketayotib, birovga murojaat qilishdan koʻra koʻproq oʻzi-oʻzicha oʻylanib soʻzlanadi:

Nelarni koʻrmadi dunyoda bu bosh,
U – tarix bagʻridan yuzib oʻtgan Yer.
Birov boʻlsa agar yerdagi Quyosh,
Men uning ismini derdim – Alisher.
Bir dard Alisherga bergan Xudoyim,
Istadi hayotda oʻzgarsa holat:
Haqiqat boʻlsayu har ishda doim,
Birdek hukm sursa doim adolat.
Kurashdi. Kurashar koʻrsatib bardosh,
Nazdimda hamonki, tirik Alisher.
Nelarni koʻrmadi dunyoda bu bosh,
U – tarix bagʻridan yuzib oʻtgan Yer.

Birinchi Parda

Birinchi holat

Amir Alisher Navoiy ancha charchab qolgan. Xasta. Ammo mamlakatdagi notinch ahvol unga osoyish bermaydi...

Sulton Badiuzzamonning Hirot etagidagi Puli Molonda oʻrnatilgan chodiri. Shahzoda omonat taxti yonida faromushlanib turibdi. Mulozim kiradi.

Mulozim. Sultonim! Hazrat Nizomiddin Alisher Navoiy sizga shaxsan elchilar yoʻllabdilar.

Badiuzzamon. Kirsun!

(Chodirga ikki elchi kiradi.)

Birinchi Elchi. Buyuk Sulton! Sizga Padari buzrukvoringiz, Sulton Abulgʻozi Husayn Boyqaroning Yaqin Kishisi Hazrat Alisher Navoiydan maktub keltirdik.

Ikkinchi Elchi. Javobni qistov kutmoqdalar.

Badiuzzamon. (maktubni olib, oʻylanib). Men oʻzim javobni yetkazurmen.

(Elchilar ta’zim qilib chiqib ketishadi. U maktubni ochib oʻqishga tutinadi. Shu soniya uning koʻzi oldida Alisher qiyofasi jonlanib, ovozi eshitiladi.)

Alisher. Fazlu kamol sohibi, xurshidi davron, ulugʻ Sulton Badiuzzamon Mirzo! Duoisalomdan soʻngra, ma’lumingiz boʻlgʻaykim, Hirot yaqin qirq kundirki, qamal holatida turgʻoni, ikki tomon bir qavm, bir el-ulus, ogʻa-ini, qarindosh-urugʻ odamiylik shartin unutib bir-biriga qilich sermash mayligʻa kirgʻonidan bu faqiri xokisor, gʻaribi parishonroʻzgʻor bagʻoyat xavotirdamen. Anduh-nadomat chekmoqdamen...

(Badiuzzamon maktubni oʻqishdan toʻxtab, oʻzicha asabiy soʻzlaydi.)

Badiuzzamon. Men nima, bekorga jangga otlanibmanmi? Orada muxolifatni boshlagʻon menmu? Padari buzrukvor volidam Beka Sulton Begimdan koʻngillari qolgʻonini menga ham bildirib, oʻzlari doim badmehrlik koʻrsatmadilarmu? Ana, Balxda boʻlgʻonimda bir yoqdan iltifotli yoʻsinda qoshimgʻa Siz Navoiy hazratlarini joʻnatib, ikkinchi yoqdan Balx shahri qutvoli Islom barlosga shahzoda ovga chiqsa, qaytib shaharga kiritma, deb xufyona farmon yuborgan padari buzrukvor Sulton Husayn Mirzo emasmu? Mendan norozilanib, mening xos kishilarimdan bir toʻpini ayovsiz chopib tashlattirgʻon, bir guruhini asir olib, ularni ham hukmga binoan qatl ettirgʻon Sulton Boyqaroning oʻzlari ekanini unutmoq mumkinmu)?

(U maktubni oʻqishda davom etadi.)

Alisher. Meni ma’zur tutgaysiz. Tirik podshoh-otaga qarshi siz, aziz shahzoda, butun Xuroson mulkini qoʻlga olmoq xayoli bila harakatda ekaningiz rasman ham, shar’an ham munosib koʻrinmaydir. Sizga, toʻngʻuch oʻgʻulga taqlidan ukalaringiz Abulmuhsin Mirzoyu birodari Muhammad Muhsin Mirzo birlashib, urush-isyon yoʻlin tutayotgʻonlari tashvishli va oʻkinchli. Yangidan fitna-fasod qoʻzgʻolib, begunoh kimsalar qoni toʻkulishidan asranmoq lozim...

Badiuzzamon (yana oʻzicha boʻgʻilib gʻudranadi). Hazrat Amir Alisher! Muhtaram ustoz! Oʻzingiz voqifsiz. Mening suyukli oʻgʻlim Muhammad Moʻmin Mirzoni xatna qilgʻonda, Sulton Husayn Boyqaro uni valihad degan, Astrobodni unga bagʻishlab bergʻon edi. Bu va’dani vaqti kelib buzgʻoni ustiga, Ulugʻ Beka Xadicha Begimning qutgʻusi ila padari buzrukvor, oʻz nabirasi, mening jon-jigarim Moʻmin Mirzoni hokimlikdan boʻshatib zindonga soldi. Mast holda farmonga qoʻl qoʻyib, u nozik niholni oʻldurdi. Men bunga qandoq chidayman?

(Sulton Badiuzzamon oʻkrab yigʻlab yuboradi. Keyin, koʻzyoshlarini artib, yana maktubga bogʻlanadi.)

Alisher. Hosili kalom, shon-shukuhli shahzoda, padari buzrukvoringiz, janob shahanshoh Astroboddan Hirotga kelayotgʻon bu damda Siz otaga qarshi yomon farzand boʻlub koʻrunishdan, jang qilmoqdan asranib, ma’lum muddatga boʻlsun, biron yoqqa joʻnab ketgʻoningiz va shahar atrofini lashkardan boʻshatgʻoningiz maqsadga muvofiqdir. Haq subhanahu va taolo Sizning zafarli umringiz, xayrli ishlaringizga barakot bersin...

(Badiuzzamon taxtiga borib oʻtirib, chuqur xayolga botadi. Koʻzi oʻngidan Alisher qiyofasi yiroqlashadi. Nihoyat, u muayyan qarorga kelgandek boʻladi.)

Badiuzzamon. Badnom boʻlmoqdin qoʻrqmasmen. Jang qilmoqqa shaymen. Ammo Sulton Husayn Boyqaro emas, Hazrat Alisher Navoiyning oʻzlari va soʻzlari haqqi-hurmati hozircha isyondan tiyilurmen. Xudoning irodasi shu boʻlsa, ajab emas. (U mulozimni imlaydi.) Amirlar, beklarni chorlang. (Amirlar, beklar kirishadi.) Lashkar otlansun! Muvaqqat Puli Molondan Puli Solorga, Murgʻob daryosi boʻyiga koʻchurmiz...

Ikkinchi holat

Oradan bir necha kun oʻtgan.

Hirot. Katta koʻcha. Bir yon bozor, ikkinchi yon moʻ’jaz masjid ayvoni.

Bomdod payti. Bozorda bitta-yarim odam qorasi koʻrinadi. Masjid ayvoni esa boʻm-boʻsh.

Masjid eshigidan chiqqan muazzin u yon-bu yon parishon qaraydi. Ayvon oldidagi mezanaga koʻtarilib, azon aytadi. Keyin, pastga tushib, yana har yoqqa alanglaydi.

Nihoyat, uch-toʻrt kishi koʻchada paydo boʻlib, ayvonga keladi.

BIRINChI SOMYe’ (muazzinga). Assalomu alaykoʻm va rahmatullohu va barakotuhu.

Muazzin. Assalomu alaykoʻm.

IKKINChI SOMYe’ (muazzinga). Imom hazratlari shu yerdami?

Muazzin. Halidan beri kutib oʻtiribman. Koʻrinmayaptilar. Sizlardan boʻlak some’lar ham yoʻq.

Uchinchi Some’. Uydan chiqishga qoʻrqqan boʻlsalar kerak. Kishi yurak hovuchlab koʻchaga chiqasan! Koʻchadan tirik qaytasan yoki yoʻq. Jonning oʻzi omonat boʻlib qoldi.

Birinchi Some’. Otalarimiz davrida Sohibqiron Amir Temur Koʻragon bir bola boshida tilla toʻla tabaq Mashriqdan Magʻribga borib qaytsin, hech kim unga daxl qilolmaydi, degan ekanlar. Mamlakatda shunday osoyishtalik, xotirjamlik oʻrnatgʻon ekanlar.

Ikkinchi Some’. Insof yuzidin, aytish kerak. Sulton Sohibqiron Husayn Boyqaro janoblari ham yurt obodonligi, raiyatning baxt-saodatiga doim koʻshish bildirib keladilar. Ana, shahzodalar bilan oradagi nizolarga ham imkon qadar barham berib, tartib oʻrnatgan edilar. Endi yengil nafas ola boshlagan edik.

Uchinchi Some’. Bu bedodlik, ur-yiqit, himoyasiz egasizlik oʻzi kimdan, qayoqdan chiqdi? Oldin birov bunday savdoga hech duch kelmagan edi... Mamlakatning avra-astari agʻdarilib yotibdi.

(Shu payt ularning gapi boʻlinib, ayvonga besh-olti kishi bir katta va bir kichik tobut koʻtarib keladilar. Tobutlarni ayvon toʻriga qoʻyadilar. Muazzin va some’lar badtar parishonlanishadi.)

Birinchi Some’. Vaqt oʻtayapti. Namozni nima qildik?

Ikkinchi Some’. Namoz mayli, janozani kim oʻqiydi? Shuncha kutdik, imom kelmadilar.

Uchinchi Some’. Soʻfi hazratlari, oʻzingiz imomatga oʻting. Janozani ham oʻqiysiz. Bu kuncha boshqa iloj koʻrinmaydi.

(Ular va ularga qoʻshilib, tobut koʻtarib kelganlar masjidga kirib ketishadi. Ayvonda yolgʻiz ikki tobut qoladi.)

Uchinchi holat

Shu notinch kunlardan biri.

Abdulla Ansoriy majmui yaqinida yangi barpo qilingan bogʻ oʻrtasidagi chortoqda Amir Alisher bilan Mavlono Sohibdoro boshlarini solintirib oʻtirishibdi. Bogʻ devori ortidan qoʻshiq eshitiladi: “Kecha kelgumdir debon...”

Qoʻshiq tugagach ham ular ancha jim turadilar.

Axiyri...

Alisher. Mavlono Sohibdoro, nechun sukutdasiz?

Sohibdoro. Ulugʻim, Siz, Navoiydek zot, kaminani doʻst va musohib tutgʻondan beri Sizga har kun nedur xush xabar kelturdim. Hozir undoq qilolmasmen.

Alisher. Hamisha boʻlgʻonidek, soʻzlang. Bu kun shaharda oʻtgʻon hodisotlardan nelarni koʻrdingiz va nelarni eshitdingiz?

Sohibdoro. Koʻnglim xijil, ulugʻim. Ammo, ruxsat tegdi, borini aytaman... Bu kun hammayoqda toʻs-toʻpolon. Xavf-xavotirli ahvol. Sohibqiron Amir Temurning nuri diydalari Shohrux Mirzo mamlakatni mustahkam tutub nasibalari uzulgʻonida koʻringʻon “buzugʻliq davri” qaytib kelgʻondek. Mamlakat goʻyo egasiz. Ayniqsa, Hirot. Bexos vabo-oʻlat, zilzila yo sel roʻy bergʻon, saltanat aravasi jarga tushib ketayotgʻondek...

Alisher. O, men buni bilib turibmen. Bu men uchun qoʻrqinchli bir tush. Umrim boʻyi temuriylar xonadoni halokatga yuz tutmasun, shu saltanat yemirilmasun, deb harakat qildim. Mana, dunyo ishlaridan yuz burib, ziyoratgohda uzlatda oʻlturgʻonimga qaramay, hamon aravani toʻxtatishga urinmoqdamen.

Sohibdoro. Xullas, shaharda maxfiy ish tutgʻon yangi bir jamoa paydo boʻlgʻon. Aksari oʻn uch-oʻn olti yosh orasidagi johil, yovuz, itoatsiz yoshlar. Ular toʻplanib, bir dasta, necha toʻda tuzgʻonlar. Kunduzlari uy-uylarida yoshurunib, kechalari shaharni payxon qiladilar. Odam oʻldiradilar. Ular uchun na katta-kichik, na shoh, na dorugʻa, na qozi, na mirshab bor. Hamma yerda oʻz hukmini oʻtkazishga moyil... Oʻtgan tunda devor oshib bir ota-bolani uyida pichoqlab ketgʻonlar. Tongla namozga borayotgʻon bir masjid imomini oʻlasi kaltaklab, majruh holga solgʻonlar...

Alisher. Ming taassufki, men bundan xabardormen. Lekin, anglamasmen. Nega bu tang ahvol yuz berdi? Shahar emdi bedarvozamu? Jinoyatga borgʻonlar qaysi toifa kishilar farzandi? Ularning rahnamosi kim?

Sohibdoro. Men bilgʻonim, ulardan bir qismi shoh va shahzodalar olib borgʻon jang-jadalda halok boʻlgʻon amirlar, beklar, askarlarning bolalari, otasiz oʻsgʻon yarim yetimlar. Yana bir qismi qashshoq, nochor qolgʻon oilalar farzandi... Mamlakatda tinimsiz urush borayotgʻoni-yu, shahanshoh hazratlari Sulton Badiuzzamonning oʻgʻli Moʻmin Mirzoni xud-behud qatl ettirgʻonlari zaminida, fikri ojizimcha, bu oʻt-alaf ungʻonga oʻxshaydi. Buzgʻunchilar boshligʻi Haydarbek degan yigit emish.

Alisher. Haydarbek? Men uni bilmasmen.

Sohibdoro. Oʻzgalar ham bilmas. Faqat, odamlar ichida ismi ma’lum, xolos.

Alisher. Moʻmin Mirzo men uchun aziz farzanddek edi. Xudo shohid, uning hasratida necha kun motam tutdum... Aniqki, Sulton Boyqaro janoblari oʻzi ham shahzodalar orasida ahillik, biri-birini anglash, diyonat yoʻqligidan ozurda. Bir barmogʻini tishlasa, ikkinchisi ogʻriydi. Boz aniqki, bu kun mamlakatni goʻshtdek parcha-parcha chopib-kesib, yulqib ketishdan asrab turgʻon – Sulton Boyqaro! Men uni hamisha qoʻllaganmen va qoʻllagaymen... Yetim-esirlar, gʻarib-bechoralarga oʻzini inson, oʻzini musulmon deb bilgʻon kishi befarq qaramas. Biroq, Mavlono Sohibdoro, siz aytgʻon jamoa ichida ular ozchilik; koʻpchilik ularni ham majbur qilib oʻzi tomon tortgʻon qora kuchdur. Tartibsizlik keltirgʻon, osoyishtalikni buzgʻon, bezorilik, oʻgʻrilik, qotillik qilgʻon kimsalar kattami-kichikmi hech vajdin oqlanmas. Unda, odamiylikning ming yillik ustunlari qulamaydimu? Bahornav, bu ahvolga qarshi biron chora topmoq kerak. Bosqin, qirgʻinni toʻxtatmoq kerak...

Sohibdoro. Ore, ulugʻim. Shundoq. Mushkul joyi, shaharda barcha bu vahshiy olomondan qoʻrquvga tushgʻon, oʻzini uning oldida ojiz sezgʻondek. Barchaning tili, qoʻli bogʻlangʻon kabidir. Odamlar, bilmadim, doim johillik, yovuzlik, zoʻravonlik avjiga mingʻonda dovdirab qolib, koʻzyosh va faryoddan boʻlak narsani bilmagʻon shikasta vujudga aylanar ekanmu?

(Darvozaxonadan ularning yoniga mulozim keladi.)

Mulozim (Alisherga.) Amir hazratlari! Ancha boʻldi, eshikda toʻrt-besh kishi turibdi. Bandlar, charchagʻonlar, desam ham ketishmayapti. Sizga arzga kelgʻon. Ularning dodini eshitishingizni soʻrashayapti. Bildirmay ilojim qolmadi.

Alisher. Toʻgʻri qilibsiz. Ayting, kirishsun...

Toʻrtinchi holat

Oradan yana bir necha kun oʻtgan.

Tunda oy yorugʻida butun qadim Hirot shahri va Sulton Husayn Boyqaroning koʻshki gʻira-shira koʻzga tashlanadi.

Boʻm-boʻsh koʻchalarda, oʻzini shamolda tutolmayotgandek namoyishda chayqalib, boshida tungi yengil kuloh, egnida surp koʻylak Sulton Badiuzzamon Mirzo allaqanday gangib kezib yuribdi.

Badiuzzamon (oʻzicha). Xudoyim! Men oʻz borgohimda, Murgʻob daryosi shovullashini eshitib uxlab yotgan emasmidim? Bu nima, oʻngmi yoki tush koʻrayapmanmi? Tush boʻlsa kerak... Men tugʻilib oʻsgʻon Hirot shumi? Bu yerlar Turkiston. Shu bilan birga, Afgʻon! «Figʻon» soʻzidanmikan? Yoʻqolib borayotgan Xuroson qismati... Tavba! Hammayoqda qabriston sukuti. Dahshatli sukut! Tirik jon bormi? Na qorovul, na mirshab koʻrinadi...

(Ayni soniya birdan koʻchaga qoʻlida xanjar, tigʻ, bolta besh-olti oʻsmir yopiriladi. Ular Badiuzzamonni koʻrmaganga oladilar yoki koʻrmaydilar.)

Oʻsmirlar. Haydarbek! Boshladikmi?

Haydarbek. Boshlanglar!

(Ular doʻkonlarning eshik-darchalarini sindirib, nimalardir tashiydilar. Hovlilarga devor oshib tusha boshlaydilar. Har yoqdan qiy-chuv, dod-faryod eshitiladi.)

BIRINChI OʻSMIR (devor ustidan). Bitta kampir yotibdi.

Haydarbek. Oʻldiraver.

IKKINChI OʻSMIR (boshqa devor ustidan). Beshikda bola.

Haydarbek. Oʻldiraver.

Badiuzzamon (ular atrofida aylanib yurib). Hoy, toʻxtanglar! Sizlar kim, odam bolasimi yoki Iblismi? Dunyoda oʻgʻrilar, bezorilar, kallakesarlar har yerda goho uchrashini bilardim. Lekin ular el-ulus boshi ustiga chiqib olgʻondek hukm surishini koʻrmaganmen. Bu insoniyatning qiyomatga yuz tutgʻoni, tanazzuli, inqirozimikan?

(Ular Badiuzzamonga ahamiyat bermaydilar, uni payqamaydilar. Oʻz jinoyatlarini davom ettiradilar.)

HAYDARBYeK (oʻzicha). Kimki, meni yomon ishlar qilayapti, yomon yoʻlga kirgan, deya oʻylasa, adashadi. Men bor tartibga qarshi isyon koʻtardim. Saltanatni toʻntarib tashlamoqchiman. Eski dunyoni buzib, yangi dunyo tuzmoqchiman. Roʻyi-zaminda ojiz kishilar emas, faqat teng, ozod, kuchli kishilar yashashga haqli.

(Shu asno koʻshk tomondan koʻchaga har qachongidek otda emas, bir necha mulozim koʻtargan taxtiravonda Sulton Husayn Boyqaro kirib keladi. U ham aftidan Sulton Badiuzzamonni koʻrmaydi. Biroq Badiuzzamon unga razm solib qaraydi.)

Badiuzzamon. Padari buzrukvor! Qaribsiz... Padari buzrukvor, bu men, Badiuzzamon, tanimayapsizmi? Yurtni boshqarolmayapsiz! Nega hayot ravishini mana, bu ochkoʻz – buzgʻunchi olomonga berib qoʻydingiz? Ularning tanobini tortmadingiz! Tortmayapsiz! Nima uchun? Bu holda Hirot ahli istagan odamga darvozani ochadi. Qat’iy hujum qilsam, menga ham shaharni jangsiz topshiradi. Men Hazrat Navoiydan hayiqib, uyalib oʻzimni toʻxtatib turibmen, xolos.

(Sulton Husayn Boyqaro aksincha, vahshiy guruhga, ular esa Husayn Boyqaroga yuzlanadi.)

Oʻsmirlar. Qaranglar, podshohimiz oʻtib ketayaptilar.

Haydarbek. (kulib). Oʻtsa, oʻtaversin.

Boyqaro. Haydarbek! Men seni koʻrib turibmen.

Haydarbek. Koʻrsangiz, nima? Men ham koʻrayapman... Siz olijanob boʻlishga intilgan, koʻngilchan odamsiz. Sizdek shohlar bor ekan, taxtlar qulab, tojlar toptalaveradi. Biling! Men sizdan qoʻrqmaymen. Farzandlaringiz qoʻrqmaydiyu...

BOYQARO (oʻzicha, oʻkinib). Dunyoda shafqat bagʻrida shafqatsizlik, mehr bagʻrida mehrsizlik, kamtar, sodda ish tutish bagʻrida beparvo hurmatsizlik tugʻilishi nahotki, hayotda qonuniyat boʻlsa? Men mamlakatni yillar davomida tinch-osoyishta saqladim. Uni obod, boy, ma’rifatli holga keltirdim. Hirot «Yerdagi jannat» deb nom oldi. Bobomiz Sohibqiron Amir Temurga munosib ish tutishga harakat qildim. Lekin birinchi boʻlib ulgʻaya boshlagan farzandlarim itoatdan bosh tortdi, intizomni buzdi... (Jamoaga.) Demak, senlar ham itoatdan bosh burmoqdasanlar? Bir kuni oʻzlaring oʻz boshlaringga yetishlaringni anglamayapsanlar! Har qanday itoatsizlik, isyon zulmning onasidur...

(U taxtiravonda uzoqlashadi. Buzgʻunchilar talangan, oʻgʻirlangan narsalarni xalta-qoplarga joylasha boshlashadi. Soyadek sudrangan Sulton Badiuzzamonning qarshisida kutilmaganda Amir Alisher Navoiy jonlanadi. Yaqin-olisdan uzun bir ayollar nolasi eshitiladi.)

Badiuzzamon. Aziz ustoz! Muhtaram Amir! Bilasiz, podshoh-otam haramiga kirgan oʻn bir xotindan koʻp oʻgʻul, koʻp oʻgʻul-nabira koʻrdi. Bulardan har biri podshoh boʻlishni istadi. Men ham... Buning uchun shahzodalarni ayblash qiyin. Bizning qismat yoʻlimiz shu! Mana, endi boshim qotgʻon. Saltanatni egallashdan ham koʻra uni asrash mushkul ekan! Qarang, oʻziga bino qoʻygʻon, nafs-manfaat yoʻlida odamlarni yanchib-toptashdan, hatto qotillikdan qaytmaydigʻon bu bosqinchi, johil, yovuz olomonga qarshi nima qilmoq kerak?

(Boshqalar singari Amir Alisher ham atrofida kapalakdek aylanayotgan Sulton Badiuzzamonga e’tibor bermaydi, uni koʻrmaydi. Bu orada sal pasaygan ayollar nolasi endi avj pardaga koʻtariladi.)

ALIShYeR (mahzun koʻyda).

Koʻrub dardim, tarahhum qilmading hech.
Toʻkub ashkim, tabassum qilmading hech.
Firoqing oʻti ichra necha yigʻlab
Figʻon chekdim. Tarahhum qilmading hech.
Jahonga oh-u, ashkim soldi oshub,
Bu toʻfondin tavahhum qilmading hech.
Soʻzung shavqidan erdim – xasta umri,
Soʻrargʻa bir takallum qilmading hech.
Musallam ishq, ey koʻnglum, sangokim,
Koʻrub zulmin, tazallum qilmading hech.
Muhabbat ahli qismin nev-chun, ey charx,
Qilib mehnat – tana’um qilmading hech...

(Bezorilar endi koʻchadan apil-tapil daf boʻladilar. Koʻchada birgina Amir Alisher va hamon uning atrofida aylanayotgan Sulton Badiuzzamon qoladi.)

BADIUZZAMON (oʻzicha).

El jafosining maloli...
Oʻksudi el mayli mendin...

Ulugʻ ustod! Dunyo shu, har kim oʻzini boshqalardan aqlliroq, kuchliroq deb bilib, biri-birini yengish, biri-birini mahv etishdan iboratmi? Nahotki, inson shuning uchun dunyoga kelgʻon boʻlsa? Padari buzrukvorim meni tiz choʻktirmoq istaydi! Men uni magʻlub etgim keladi! Mana, bu vahshiy toʻda esa bizning barchamizni yoʻq qilib, oʻzi hukmron boʻlishga urunadi... Bu telbalikning nihoyasi bormu? Xudoyim, toʻzim ber!

(Amir Alisher Sulton Badiuzzamonga qaramaydi, uni payqamaydi.)

ALIShYeR: Xudoyim! Sen odamni toʻkis yaratding. Uni koʻrkam deding. Unga koʻrkam tuygʻular baxsh etding. Ammo inson oʻz umrida jaholatdan, gʻaflatdan qutulolmadi... Odamda odamlik asranishi kerak! Dunyo bir kuni halokatga yuz tutmasin, desa u baribir, oʻzini tasqaralikdan xalos etmoqqa majbur...

(Alisher chiqib ketadi. Sulton Badiuzzamon koʻcha oʻrtasida choʻkib, boshini changallaydi.)

Badiuzzamon (oʻzicha). Ustoz yurt tinch, el osoyishta, farovon, baxtli yashashini istaydilar. Ammo koʻpchilik atrofda «goʻrlar qoʻporilsin, oʻzining qozoni qaynashi»ni oʻylagan bir sharoitda bunga qandoq erishasan? Bu qismatmi yoki bizning aybimizmi? Biz adashib-uloqqan bandalaringni kechirgin, Xudoyim!

Beshinchi holat

Sulton Husayn Boyqaro saroyi xonalaridan birida Amir Muborizuddin Valibek, Amir Ali Bobo, Mavlono Sahibdoro, Xoʻja Shahobiddin, Abdulxay tabiblar toʻplangan.

Xoʻja Shahobiddin. Valine’matimiz va pushti-panohimiz Sulton Husayn hazratlari uch kundan buyon devonda koʻrinmaydilar. Niyatlari ne, biz bilmaymiz. Aniq, ne ish bilan mashgʻul boʻlishni ham bilmaymiz.

Amir Valibek. Bizning har qachon vazifamiz arzu dod eshitish, gʻofil turmay molu mulk ishini nazorat qilish, yana janob Sulton aytgʻonlaridek, muntazam tavorix-kitob koʻrub mushohada yuritish emasmu? Ahvol qandoq boʻlmasun, kishi oʻz vazifasini bajarishga mas’ul.

Amir Ali Bobo. Bu ayni haqiqat. Ammo hamma narsa shart-sharoitga bogʻliq. Hozir biz nima qila olamiz? Men qattiq tashvishdamen. Adashmasam, Sulton oʻzlari ham qancha sa’y koʻrsatmasunlar mamlakat yoqa-engi bir boʻlmogʻonidan shu kunlar chuqur iztirobda. Bir yon Hirotdagi parokandalik, bir yon suyukli shahzoda Sulton Badiuzzamon Mirzo...

Amir Valibek. Sulton Husaynning umrlarida bu birinchi tang ahvol emas. Sulton salomat va bardamlar. Inshoolloh, barcha ish xayrli boʻlgʻay. Vaziri a’zam Majididdin Muhammad Sultonning huzurlariga borgʻonlar, kelsunlar, yangi bir mashvarat boʻlsa, eshitgaymiz.

Sohibdoro. Amir Alisher Navoiy Sulton Badiuzzamonga koʻp mehr koʻrguzgʻon. Tarbiya bergʻon. Ammo Badiuzzamon Mirzo Amir Alisherning irodalariga boʻyinsunub Hirot qopqasini tark etgʻoni bilan, shahanshohga qarshi adovatli jangdan batamom qoʻl tortgʻoni yoʻq. Bu kun u sarkarda Shijo’uddin Zunnun bilan birlikda Balx mamlakati va unga tobe boʻlgʻon yerlar, Murgʻobdan to Amudaryo boʻylarigacha zafar qozonib egallab borayotgʻoni butun mamlakat uchun xavotirlidur.

Amir Ali Bobo. Hozir tashqi nizolardan ham koʻra koʻproq Hirot ichidagi noma’lum talotum yomon. Bu barchamizning hayot-mamotimizga tegishli. Rasuli Akramdan keyingi Xalifalik davrida Hazrati Umar, Hazrati Usmondek sahobai kiromlarni koʻchada chavoqlab ketgan diyonatsiz qavm bu kun bizdek ojiz bandalarga qoʻl koʻtarmasligiga kim kafolat bera oladi? Men gapirmasdim, ammo pichoq suyakka borib yetdi.

Xoʻja Shahobiddin. Biz albatta, Sulton Boyqaroga bir ne demoqqa ojizmiz. Sulton hazratlari bizning chuldirashimizni tinglashga muhtoj ham emas. Hukm podshohning hukmidir! Lekin necha kundur masjid-madrasalar, yoʻllar, koʻpriklar qurilishi, obodonlik toʻxtagʻon. Hirotdek koʻkdan tushgʻon moviy shahar vayronaga oʻxshab turibdi. Uylarda motam-marosim bor, toʻy yoʻq. Bozorda savdo oʻlgʻon, dehqonlar shaharga bundoq eshakda oʻtin ham olib kelmayapti.

Amir Ali Bobo. Eng yomoni, Amir Valibek, Sohibqiron Amir Temur Samarqandda tuzgʻon poytaxtni bir payt Shohrux Mirzo Hirotga koʻchirgʻonida Samarqandu Buxorodan, Xivadan, Fargʻonadan, Qarshidan, butun Turkistondan saroyga yaqin turmoq istab, bu yerga kelib qolgʻon oqil va koʻrkam insonlarning farzandlari endi uy-joyi, mol-mulkini tashlab Hirotdan har yoqqa guras-guras koʻchib ketayapti. Biz Movarounnahr bilan Xuroson – ikkisi ham yurtimiz, deb yurgʻon edik. Bu yerda maqom topgʻon turkiy el-ulus uchun Xuroson bu kun vatan boʻlmay qoldi.

Amir Valibek. Biz bilgʻon gaplarni Sulton Boyqaro hazratlari yuz chandon ortiq anglaydilar, oʻylaydilar. Podshoh hukmi vojib, biz kutguvchilarmiz! Majididdin Muhammad kelsunlar, balki bir mujda boʻlgʻay... Birodar Abdulxay tabib! Hazrat Amir Alisherning salomatliklari qandoq?

Abdulxay. Bir oz toblari qochgʻon edi. Bu kun ancha durustlar, tongla xabar olgʻon edim...

Xoʻja Shahobiddin. Amir Alisherga qadrdon va musohib boʻlsam-da, hazratning bot-bot xuruj qilgʻon dardlari ne, men yaxshi bilmasmen.

Abdulxay. Amir Navoiyning dardlari har bir voqeaga kuyunub, ehtiros bila, bor imkon doirasidan ham koʻp oʻzini sarflash, bundan holsizlanish kasali, za’f kasalidur. Bu kasalning davosi har qandoq ishdan, hatto iztirobli oʻydan toʻxtab, orom olmoqdur. Goh yolvorib, goh dagʻdagʻaga oʻtub ham, buni hazratdan talab qilolmaysan.

Amir Ali Bobo. Shu kunlar hazrat ayniqsa qaygʻuga botgʻon boʻlsalar kerak...

(Vazir Majididdin Muhammad kirib keladi.)

Majididdin. Hamon majlis qurib oʻltiribsizlarmi?

Hamma. Balle.

Majididdin. Olampanoh bilan undan-bundan ancha soʻzlashib qoldik.

Amir Valibek. Lutfu karam sohibi onhazrat ne dedilar?

Majididdin. Hech narsa.

Amir Ali Bobo. Ahvol borasida bir ogʻiz ham indamadilarmi?

Majididdin. Bunda ne hikmat, bilmasmen, Sulton janoblari menga osoyishta va bedard koʻrundilar. Xazina quriy boshlagʻoniyu boj-xiroj masalasida gaplashdilar. Askarlar toliqqaniyu ularda jang qilish salohiyati pasayganiga oʻkundilar. Faqat, gap orasida bir marta, tunda nega har yerga qoʻyilgʻon posbonlar, koʻchalardagi qorovullaru mirshablar pisib-berkinib yurgʻon ekan, aniqlanglar, dedilar. Xufyalar shunday xabar yetkazgʻon boʻlishi mumkin!

Xoʻja Shahobiddin. Faqat shu xolosmi?

Majididdin. Yoʻq. Keyin, ulugʻ maxdumimiz Sulton janoblari (qoʻynidan qogʻoz chiqarib) bobolari Amir Temur Sohibqironning mana, bu qogʻozda yozilgʻon soʻzlarini oʻqib berdilar. “Hech kim eshitdimu, mening qoʻl ostimda boʻlgʻon yerlardagi bir shaharda doʻkonning oʻgʻirlangʻonini? Yoki, qaysi bir kishining uyiga oʻgʻri bosib kirgʻonini?.. Chunonchi, bir dorugʻa shahar amniyatini oʻz ustiga qabul qilib oldimu, u quruq nomga vazifaxoʻr emas, balki mas’uliyatli bir oʻrinda turgʻonini bilmogʻi, kecha-kunduz oʻz vazifasining ijrosida ogoh boʻlmogʻi lozimdur. Agar bir oʻgʻrilik hodisasi zohir boʻlsa, hammadan avval dorugʻaning oʻzi mas’ul tutiladur. Oʻgʻri topilmasa, dorugʻaning qoʻli kesilib, oʻgʻrining oʻrniga oʻzi jazolanadur...” (Qogʻozni qaytib buklab qoʻyniga solib.) Bu gaplardan kamina nedur anglagʻondek boʻldum. Ammo xulosa yasayolmadim.

Amir Ali Bobo. Xulosa ma’lum. Sulton Husayn janoblari shaharda tartib oʻrnatishni balki, biz, ahli davlatdan, balki, fuqaroning oʻzidan kutayaptilar. Qandaydir istihola yuzidinmi, oʻzlari biron chora koʻrishga shoshmayaptilar.

Xoʻja Shahobiddin. Nimadan istihola? Nega? Axir, nega? Ahvol kundan-kun badtar ekanini aytmadingizmi?

Oltinchi holat

Amir Alisher Navoiy oʻz uyi toʻrida, xontaxta oldida xayol surib va quyulib kelgan misralarni qogʻozda tizib oʻtiribdi. Har dam toʻxtab, ostonaga oʻychan tikiladi, birovni kutayotgandek boʻladi.

ALIShYeR.

Ne tirikmen, ne oʻlik, ne sogʻ, ne bemormen,

Ayta olmonkim, firoqingdin ne yangligʻ zormen.

Nuktai ogʻzing gʻamidin tortibon jadvaldek oh,

Ashk selin oqizib, sargashta chun pargormen.

Doʻstlar, koʻnglum hadisin demangiz, Tengri uchun,

Kim, men ul devonai sargashtadin bezormen.

Koʻnglakingdinkim, topar jon dam-badam Yusuf isi,

Ey azizim, men ham ul koʻnglak aro bir tormen.

Bir quyosh hajrinda tundek roʻzgʻorim tiyradur,

Tong emas, gar tun kibi, motam tutub yigʻlormen.

Mayli af’yun ezgʻil, ey mugʻkim, bu eski dayr aro

Telbararmen gʻussadin, gar bir nafas hushyormen.

Nevchun el dashnomu ta’nidin boʻlay oshuftahol,

Ey Navoiy, chun nekim derlar, yuz oncha bormen.

(U yana ostonaga tikiladi va unga goʻyoki ostonada bir Nozanin turgandek tuyuladi.)

Nozanin. Ne tirikmen, ne oʻlik, ne sogʻ, ne bemormen...

Bu holatning poyoni bormu?

Xasta ekansiz. Koʻrgoni keldim...

ALIShYeR.

Kel-kel, ey oromi jonimkim, tilaydur jon seni,

Chehra ochkim, koʻrmak istar diydai giryon seni...

(Nozanin ostona kechib, burqa’ni ochadi.)

Eshikdin soya kirgach, sogʻinur-menkim, quyoshimdur...

NOZANIN (poygakda choʻkib). Men soya emasmen. Jonli vujudmen! Siz meni doim soya deb bildingiz.

Alisher. Shubhasiz, vujud. Jonli vujud!

Husni ortar yuzda zulfin anbar-afshon aylagach,

Sham ravshanroq boʻlur torin parishon aylagach...

Nozanin. Darvoqe, sham. Siz meni boshda Guli deb tanidingiz. Keyin,bora-bora gʻazallaringizda noma’lum bir goʻzalga, Nozaninga aylandim. Bu men uchun sharaf. Baxt! Lekin mana, endi umr shamimiz kundan-kun soʻnib borayapti. Shunday pallada, yana xasta holda oʻtirib, nega yozayapsiz? Yozmang! Oʻzingizni asrang!

Alisher. Iloj yoʻq. Bu mening hayotim mazmuni... Dunyoda shu qadar olis yoʻl, olis masofa kechdimki! Ayriliq, sargardonlik, nochorlik, gʻariblik... Ammo mahzun NAVOdan umidbaxsh NAVOga yetib kelish meni NAVOIYga aylantirdi! Umrimda oyoq ostida loydek xorlanib-toptalishlarni ham, loydan yasalgʻon koʻzadek qoʻllarda koʻtarib alqashlarni ham koʻrdum. Meni nigun holatda yerga kirib ketishdan, farahli-koʻrkam holatda oʻzingni osmon deb oʻylashdan Soʻz, Nazm, Adabiyot asradi! Umrim soʻngigacha men shu Qora Mehnatga va Senga fidomen, pariruxsor!

Nozanin. Menga deysizmu? Rostdanmu?

Alisher. Rost! Sen!

Goh sarv uzra, gahe gul uzra bulbul nagʻmasoz...

Nozanin. Baribir, tuzalguncha yozmang. Qarang, shaharda nima gʻavgʻo? Olamda nima shoʻrish? Nahotki, Sizning mehnatga berilib iztirob chekkaningiz shu, telba olomonga kerak boʻlsa? Nahotki, azaldan nokomil hayot alal-oqibat izga tushadi, xatolardan, gunoh qilishdan umrida hayiqmagan odamlar oʻzgaradi, inson tuzaladi, deb oʻylasangiz? Yerda haqiqat hukm surishi, Adolat qaror topishi uchun birov oʻlgunicha kuyib-yonishi – nahotki! – shart deb bilsangiz? Bunga ishonsangiz?

Alisher. Ishonamen! Shart!

Nozanin. Xayolparast! Bulbul!

Alisher. Mening xastaligim oʻtkinchi. Mehnatim bir ovunchoq. Dardim boshqa... Biz, insonlar yolgʻon-yozuqqa, nafs yoʻlida aldanishga, kibru-havoga berilgʻonmiz. Poklanish va boshqalarda ham bunga koʻshish uygʻotish avvaldan, olisda qolgʻon bolalikdan umrimda murodim boʻldi. Bunga goh erishdim, goh aro yoʻlda qoldim! Mening hayotim dunyoda boʻlgʻon-bor xatolar, gunohlardan ozorlanib, Tangri taologa qilgʻon ibodat-iltijo! Butun sa’y-harakatim ham ibodat-iltijodur.

Nozanin. Umringiz oxirlab, boshingizdan koʻp savdolar oʻtub, telba dunyo royishi qandoq, odamning fe’l-atvori qandoq, bilmadingizmu? Siz oʻylagan – inson kamolotga yetishi, pokizalik, bu – sahrodagi bir sarob...

Alisher. Vallohki, bu necha ming yillardan kelgan aks-sadodur. Gʻarib Olamda har qachon Goʻzal Olamlar, ajib belgi-xislatlar topilgʻon. Xushxulq, xushta’b koʻp insonlar oʻtgʻonlar. Hech qachon yolgʻon haqiqatdan, vahshat odamiylikdan, xunuklik koʻrkamlikdan, yomonlik yaxshilikdan gʻolib kelmagʻon. Gʻolib kelmagay, inshoolloh! Biz oʻz qavmimiz ma’rifatli, olijanob, magʻrur va yakdil boʻlishini orzu qilgʻon kishilarmiz. Biz foniy dunyoni bezagʻon fano ahli, ishq ahli elchilarimiz. Iztirob egalarimiz.

Nozanin. Ishq va iztirob bir ekanmu?

Alisher. Bir!

Dilbaro, sendin bu gʻamkim, menda bordur. Kimda bor?

Furqatingdin bu alamkim, menda bordur. Kimda bor?

Nozanin. Sevsangiz, nega mendan uzoqlashdingiz? Yana, goʻyoki menga faqat “bir bulbuli nolon kerak” emish... Firoq-ayriliq boisi men emas. Oʻzingiz.

Alisher. Balki, oʻzim?

Har dam onsiz yuz oʻlum erdi Navoiy jonigʻa, –

Bir oʻlum birla bu dardigʻa davo qildi firoq.

Nozanin. Yozgʻonlaringiz aksar hasratli... Biz baxtli boʻlarmidik?

(Olisdan, allayerdan yana ayollar faryodi eshitiladi.)

ALIShYeR (bir oz sukutdan soʻng). Men seni baxtsiz qilishdan qoʻrqdum. Ayol ishq uchun yaratilgʻon! Iztirob uchun yaratilmagʻon...

Nozanin. Dunyoda doim iztirob chekib yashagan ayol-ku!

Alisher. Mening darveshona yoʻlim bir kishilik! Seni sevdim. Yondim. Oʻrtandim. Ammo mening toʻfonli ummonimda sening gʻarq boʻlishingni istamadim. Inson bir necha vazifani boʻyniga ololmaydi, bir vazifani bajaradi! Menga birovga zulm qilmoqdin yolgʻizlik va bekaslik afzal tuyuldi. Bu men ishqdan voz kechganimdan emas! Bir insondek yashadim.

Nozanin. Bu kun mamlakat notinch. Shaharni ham sovuq bir sharpa, qora bir isyon ishgʻol etgan. Goh tun, goh kunduz ayollar ohu faryodi koʻkka koʻtarilayotir! Siz charchagansiz. Xastasiz. Lekin nega bu bobda biron chora-tadbir topmayapsiz?

Alisher. Bu bobda men oʻzi-oʻzimdan bir ish qilolmasmen, chora-tadbir koʻrmoq Sulton Husayn janoblarining vazifasidur. Oliy ta’b, insof va diyonat sohibi Sulton Abulgʻozi Boyqaro qandoq yoʻl tutishni bu faqirdan koʻproq bilurlar. Barchadan burun mamlakat taqdiri uchun javob bermak shohlarning nasibidur.

Nozanin. Sulton hazratlari sust qaramoqdalar. Ishni paysalga solmoqdalar. Har kuni qon toʻkilayotir. Necha odamning xonumoni kuyayotir. Bundan shahanshoh zarracha qahru gʻazabga kelmayotirlar.

Alisher. Ollohning gʻazabi-yu, shohning gʻazabi qoʻrqqulikdur. Sulton qahr nishonasi qizil libos kiyib, boshiga qirmizi toj qoʻndurib xos xonadan saroyga chiqsa, olamga oʻt ketishi tayin. Bu kuncha shohimiz bardosh koʻrsatmoqdalar.

Nozanin. Bardoshning ham uyi kuysin! Elning allaqachon sabr kosasi toʻlgʻon... Sulton esa beparvo yurgʻondek!

Alisher. Beparvo emas! Voqifmen, janob Sulton asosan, har yerda urush harakatlari qoʻzgʻalayotgani bilan xayollari band. Hirotdagi ahvolga kundalik koʻngilsiz hodisalar deb qaragʻon boʻlishlari mumkin. Bundan boʻlak, Boyqaro uchun maydonda dushman aniq, jangda yuzma-yuz olishish oʻngʻay. Aholi ichidagi tartibsizlikka qarshi qilich koʻtarolmaysan! Yana aytsam, johil holga kirgʻonlar umuman oʻsmir, yosh. Ayniqsa, bulardan bir qismining “etim” degan nomi bor. Musulmon podshohi oʻz yurtida “etim-esirlar boshini silash” aqidasiga amal qilish oʻrniga bunga qarshi ish tutishi qiyin... Shu boisdan, Sulton bilan oramizda ba’zibir ziddiyatlar borligiga qaramay, men ham parishonmen!

Nozanin. Men tushunmadim. Bu holda netmoq kerak?

Alisher. Haqiqat va adolatga qarab, sabr-bardosh koʻrsatib ish tutmoq kerak.

Nozanin. O, buning uchun uzoq yillar, asrlarni kutishga toʻgʻri keladi...

(U oʻrnidan turib, chiqib ketadi.)

ALIShYeR.

Yor bordi-yu, koʻnglumda aning nozi qolibdur,

Andoqki, qulogʻim toʻla ovozi qolibdur.

Koʻz xonasini qildi – barandoxta bu ashk,

Koʻz bordi, vale xona barandozi qolibdur.

Koʻnglum qushi to sunbulingiz domigʻa tushdi,

Bulbul kibi har gul sori ogʻozi qolibdur.

Ul qush safar aylab, ne tarab, gulbunin ochgay,

Kim, bogʻ aro bir – sarvi sarafrozi qolibdur.

Men ishq rumuzin demay oʻldum. Safar etgum,

Farhod ila Majnunning oʻkush rozi qolibdur.

Taqlid qilib koʻngluma – ishq ahli chekar oh,

Ul bordi-yu, el ichra sarovozi qolibdur.

Hijron-u, visolni koʻpu oz dema, Navoiy,

Yuz shukr dekim, koʻpi borib, ozi qolibdur...

Parda.

Ikkinchi Parda

Yettinchi holat

Sulton Husayn Boyqaro saroyi. A’yonlar jam. Vazir Majididdin Muhammad, Amir Muborizuddin Valibek, Amir Ali Bobo, Mavlono Sohibdoro, Xoʻja Shahobiddin shu yerda. Amir Alisher Navoiy ham shu yerda.

Qizil libos kiyib, boshiga qirmizi toj qoʻndirgan Husayn Boyqaro kirib kelib, taxtga oʻtiradi.

Boyqaro. Majididdin Muhammad! Hirot osoyishtaligi uchun ne chora-tadbir koʻruldi?

Majididdin. Onhazrat! Tunda doʻkonlarning qorovullari va koʻcha posbonlari, oʻktam yigitlardan tanlab, ikki hissa koʻpayturildi. Kunduzlari ham odamlar oʻz ishi, tirikchilik bilan mashgʻul boʻla olsin uchun sobiq sipohilardan bir qismi mirshablarga borib qoʻshuldi. Tagʻin...

BOYQARO (keskin). Ammo ahvol tuzalgʻoni yoʻq. Devonga shikoyat yozayotgʻon koʻp. Arzu-dod bilan kelayotgʻonlar ham... Amir Valibek, siz ne deysiz?

Valibek. Ahvol darhaqiqat ogʻir, Sulton janoblari. Barcha kamar bogʻlagʻonmiz, har doim boʻlgʻonidan yuz chandon ortiq yugurib-elib xizmatdamiz. Natija koʻrinmayotir!

BOYQARO (boshqa a’yonlarga). Sizlar ne deysizlar?

Amir Ali Bobo. Buzgʻunchi-bezorilar shaharning qayerida? Qandoq berkinib yuribdi? Birov bilmaydi...

Xoʻja Shahobiddin. Shaharda, notinchlikka qaramay, ja’mi bolalar, yoshlar kunduzlari maktab-madrasada. Tunda bular orasidan kimlar oʻgʻrilik, qotillikka borayotir, ajratib-aniqlashning iloji yoʻq...

Sohibdoro. Sulton hazratlari, koʻplar saroyga arzu-dod qilsalar-da, koʻcha-koʻyda odamlar soʻzlashishdan qochmoqdalar. Ular oʻzlariga ziyon tegib, bir kor-hol roʻy berishidan qoʻrqib-xavotirdalar...

Alisher. Yurt xavf ostida. Elning ahvoli yaxshi emas. Butun sa’y-harakatga qaramay, bu kungacha jiddiy biron chora-tadbir koʻrilmagʻoni aniq.

Boyqaro. Farmon tayyorlangiz! Qaysi koʻcha, qaysi mahallada bezori va beboshlar boʻlsa-yu, uni tutib keltirib berishmasa, shu joyni buzub tashlab, aholisi qirib tashlansun... Shafqat qilib oʻtirilmasun! Men boricha mehr ham, bardosh ham koʻrsatdim. Yetadi... Ruxsat sizlarga! Amir Alisher, siz toʻxtaling...

(A’yonlar chiqib ketishadi.)

“Podshohlik borligʻi – boshdin-oyoq bosh ogʻrigʻi!” Ma’qul aytgʻonsiz. Bilib! Onglab... Hirotda turgʻon tanglik tez barham topishi lozim. Nuri-diydamiz Badiuzzamon Mirzo koʻp yerni tortib olib, egallab, yurt ikkiga parchalanib qolgʻoni kam. Shahzoda bizga qarshi yangidan qoʻl koʻtarmoq uchun lashkar yigʻayotgʻoni menga ayon. Uning gʻolib-jahongir bayrogʻi hammayoqda shu’la sochayotir. Lashkarining surnay va karnay ovozi bot-bot qulogʻimga chalinayotgʻondek...

Alisher. Shahanshohi olam, Sulton Badiuzzamon oʻz jigarbandingiz! U fe’li torlik qilib Sizga qarshi tursa-da, Siz unga qarshi bormang...

Boyqaro. Shahzodaning katta qoʻshunga boshchilik qilish salohiyati, harbu zarbda iste’dodi borasida eshitib, bir yoqdin faxrlandim. Suyundim. Bolam safga kiribdi, deb oʻyladim. Ikkinchi yoqdin meni gʻam-gʻussa chulgʻadi. U mening shon-shavkatimga putur yetkazmoqda.

Alisher. Sulton Badiuzzamonning shon-shavkati ham sizning shon-shavkatingiz, xoqonim...

Boyqaro. (uni eshitmagandek). Men qismatimga shukrona keltiraman, Haq subhona-u va taolo menga shoyon baxt berdi, lekin men istagʻon oqil va solih farzandlar bermadi. Bobomiz Hazrat Amir Temur Sohibqiron tuzgʻon katta davlatdan faqat bir ulush qoldi, u ham sindirilgʻon nondek, parchalangʻon. Mendin soʻngra, gʻayrat-shijoati bor, ammo fikr-mulohazasi yoʻq Temurzodalar uni ham “eb bitirishlari” muqarrar. Men buni koʻrib turibmen! Shu kunlar koʻnglumda jang qilib Badiuzzamon Mirzoning ta’zirini berish niyati turibdi, shundoq qilardim ham! – mamlakat zaiflashgʻon, askar jangga tayyor emas. Bir oz muddat kerak...

Alisher. Mening kengashimga quloq tutsangiz, Majididdin Muhammadning maslahatiga kirib el-ulusdan oʻlpon yigʻishni toʻxtating. Xazina boʻshab qolgʻon ekan, men haj uchun toʻplagan naqdinamni tortiq qiladurmen. Elning noroziligi yangi bir isyonlar keltirishi mumkin. Jang qilish niyatidan ham qayting, onhazrat. Ota-bolaning jangi xosiyatsiz ish. Oldingi bundoq janglar el-ulusning qoni bekordan toʻkilgʻoni-yu, mamlakatda katta bilan kichik orasida hurmatsizlik uygʻonganidan boʻlak narsa keltirmagʻoni oʻzingizga ma’lum. Meni ma’zur tuting, shahardagi ahvol ham shuning oqibati...

Boyqaro. Men aralashmasam-da, tashqarida shahzodalar boshliq, shaboxun tarzida amirlar, beklar ichida borayotgʻon janglar ham, shahardagi bu tartibsizlik ham oʻzi-oʻzidin chiqmagʻoni aniq, albatta. Muhimi turli tarafdin Xurosonga, butun turkiy el-ulusga gʻayrlik qilib nifoq solish harakatida yurgʻon, kelib odamlar orasida joylashgʻon, johil, nodon kimsalardin birovni maqtab, birovga hatto mablagʻ berib ularning terisi ostiga kirgʻon dushman bu kun har yerda topilib turadur. Men bu koʻrunmas qoʻlni qirqolmadim.

Alisher. Buni bartaraf etish uchun mamlakatda osoyishtalik darkor. Bir xonadonda ahillik boʻlmasa, begonalar xonadon egalaridan har birini kamsitib, ozor yetkaza oladurlar.

Boyqaro. Xoʻp, netmoq kerak?

Alisher. Haqiqatga rioya qilib, adolat yuzidin ish tutmoq kerak...

Sakkizinchi holat

Murgʻob daryosi boʻyidagi qasrda Sulton Badiuzzamon Mirzo kattakon deraza oldida oʻtiribdi. Deraza ortida, maydonda sipohilar qilichbozlik mashqi oʻtkazishayapti.

Badiuzzamon (oʻzicha). Aslida, Hirotni oladurgʻon boʻlsam, hozir olgʻon durust. Xufyalar, u yerda it egasini tanimaydi, deyapti. Padari buzrukvor qaysarlik qilmay saltanatni menga topshirib qoʻya qolsalar-ku, yaxshi boʻlardi. Ammo oʻzim bostirib borib olsam, shoh bilan qandoq munosabat tutaman? Otam boʻyinsunsa, hay-hay! Boʻyinsunmasa, Abdullatifga oʻxshab padarkushga aylanamanmi? Albatta, shoh atrof-buluklarning xalqini qal’a ichkarisiga olib, shahar devor va burjlarini mustahkamlaydi. Jangga ham kiradi! Keyin-chi? Mening yigitlarim yaxshi. Lashkarim kuchli. Gʻolib kelishim koʻrinib turibdi! Faqat... oʻrtada Amir Alisher! Arab va Ajamda u mashhur. Oʻzi ham dunyoni kaftdagidek koʻradi. U bilan hisoblashmay boʻlmaydi. Dunyoga ming yilda bir keladurgʻon kishi u! Senga bir ogʻiz “hayf” desa, tamom, yer yorilib yerga kirgʻondek. Qandoq iloj topsa ekan?

(Amir Shijo’uddin Zunnun kiradi.)

Menga qara, Shijo’uddin Zunnun! Qoʻshun jangga tayyor, deb oʻylaysanmu?

Zunnun. Tayyor. Buning ustiga, Hirot ichkarisida endi bizga xayrixoh koʻp. Sulton Boyqaro koʻtarilgʻon toʻzonni bostirolmayapti. Hammayoq algʻov-dalgʻov. Ammo...

Badiuzzamon. Nima, ammo?

Zunnun. Hirotdan Mavlono Sohibdoro Sizni ziyorat qilgʻoni kelgʻon.

Badiuzzamon. Mulozimga ayt, olib kirsun.

(Zunnun mulozimga koʻrsatma berib, orqaga qaytadi.)

Nima maqsadda kelgʻon ekan?

Zunnun. Indamadi. Siz bilan koʻrushib-ziyorat, dedi, xolos.

Badiuzzamon. Mavlono Sohibdoro buning uchungina kelmaydi.

(Mavlono Sohibdoro kiradi.)

Mavlono, marhamat, xush koʻrduk.

Sohibdoro. Ulugʻ Sulton hamisha salomat boʻlgʻaylar.

(Oʻtib oʻtiradi.)

Aziz Mirzo! Siz bilan gapim pishsa, rasmiy, yoʻqsa, shaxsiy mehmoningizmen.

Badiuzzamon (kulib). Ikkisini birlashtirsa boʻlmasmu?

Sohibdoro. Buning uchun ikkimiz oldin maxfiy soʻzlashib, kelishib olishimiz lozim.

Badiuzzamon. Men Gʻur yayloviga Seyistondan, Amir Zunnun oʻziga tegishli Zamindovardan kelib, bir maqsad bilan lashkarni qoʻshgʻon kundan buyon mening Amirdan bekitiqcha gapim yoʻq.

Sohibdoro. Men qarshingizda xijolat chekadurgʻon gaplar chiqishi mumkin, shahzodam.

Badiuzzamon. Chiqaversun!

Sohibdoro. Sulton Boyqaro hazratlari bilan Siz, muhtaram shahzoda, ota va farzand boʻlgʻonlaringga qaramay, orada sulh tuzmoq taklifi bilan keldim.

Badiuzzamon. Sulh? Shahanshoh ojizlanib, sichqonning ini ming tanga boʻlgʻonidami? Parishonlanib, paytavaga qurt tushgʻonidami?

Sohibdoro. Bu – inning qandayligiga bogʻliq. Bu etikka ham bogʻliq! Podshoh janoblarining etiklari hali mustahkam... Ruxsat berdingiz, aytaman, meni ma’zur tutasiz! Hozir Sizning ahvolingiz mushkulroq. Qoʻlingizda shohlik shahodatnomasi yoʻqligidan, sizning lashkaringiz har yoqni talab yurgʻon qaroqchi kabidur. Shariat hukmiga binoan, Siz ikki tomondan, podshohga va otaga sarkashlik qilib, isyon koʻtargʻon osiy holdasiz.

Zunnun. Sulhda ne koʻzda tutulgʻon?

Sohibdoro. Sulh har jihatdan xayrlidur.

Badiuzzamon. Soʻzlang.

Sohibdoro. Eng avval, Padari buzrukvoringiz har qandoq muxolifatni unutib, Sizning bor gunohingizni kechiradilar. Siz ham fitna-fasod, saroy oʻyinlari qurboni boʻlgʻon jigarbandingiz Moʻmin Mirzo uchun Padari buzrukvorni kechiring. Ayniqsa, bu kun siz egallab turgʻon Balx mamlakati va unga tobe yerlar, Murgʻobdan Amudaryo boʻylarigacha Sizda qoladi. Peshkash qilib, muhr bosib beriladi. Faqat, oʻrtada podshoh va otaning haq-huquqi, hurmati rioyasi qoladi. Siz toʻla vakolat bilan qoʻlga olgʻon viloyatda xoqon hazratlarining humoyun nomi bilan Sizning dongdor nomingiz xutbada birga qoʻshub oʻquladi...

Badiuzzamon (oʻylanib turgancha kulib). Oʻz mulkingni oʻzingga qaytarib bermoq... Bu – oʻz shar’iy xotiningga uylangʻon kabidur.

Sohibdoro. Istasangiz, shu. Bu borada oldin Amir Alisher ham sizga maktub yozgʻon. Istamay jang qilmoq boʻlsangiz, barchamizga bu ne malolatu, ne malomat, kelturishini Yolgʻiz Ollohning Oʻzi biladi.

Zunnun. Shartnoma tuzilgʻonmi?

Sohibdoro. Tuzurmiz.

Badiuzzamon. Toʻgʻrisini ayting, Padari Buzrukvor nadomat chekib oʻzlari shundoq nozik qoʻnumga keldilarmu?

Sohibdoro. Xudo haqqi, oʻzlari... Va albatta, Amir Alisher bilan kengashib...

Badiuzzamon (kulib). Men aytdim-a... Balki, Husayn Boyqarosiz Alisher Navoiy boʻlmasdi. Lekin Alisher Navoiysiz Husayn Boyqaro ham boʻlmas edi...

Toʻqqizinchi holat

Taxminan biron oydan soʻng.

Sahro. Quyosh yonib yotibdi. Amir Alisher – qoʻlida hassa, qumga botib sekin surinib borayapti. Bir toʻp kishi undan sal orqada, lekin unga ergashgan. U boshda bularga e’tibor bermaydi, keyin, burilib qaraydi.

Alisher. Sizlar nega ergashayapsizlar?

Ergashganlar. Siz – Navoiy...

Alisher. Sizlar-chi?

Ergashganlar. Biz benavolarmiz!

Alisher. Butun olam NAVOdan iborat-ku! Qushlar sayrogʻi. Daraxtlar shovullashi. Shamolning nola chekkani ham... NAVOSIZ odam boʻlar ekanmi?

Ergashganlar. Oʻzimizda boʻlmagʻonidan, Sizga ergashayapmiz-da! Oʻt chiqqanida birov yonib-kuyayapman, desa, boshqasi men uchun ham ayt, degan ekan. Bizning dardimizni ham aytadigʻon – Siz! Navosiz elning navobaxshi!

Alisher. Men aytgʻonimni aytdim! Endi boringlar, menga ergashmanglar. Men charchadim. Buning ustiga, «tangʻa qariliqda notavonlik yetdi». Butun hayotimni koʻz oldimga keltirib, oxiratni oʻylashim kerak...

Ergashganlar. Faqat, bir ogʻiz soʻz... koʻz oldingizga nima kelayapti?

Alisher. Bolalikda sahroni koʻrgʻon edim. Yana sahro! Mening umrim shu ikki sahro orasi...

(Bir toʻp kishi toʻxtagandek boʻladi va dam oʻtmay, yangidan ergashadi. Alisher esa xayolga botadi.)

Ey pari, rahm etki, koʻnglum zor erur. Bechora ham.

Ishqu savdo dashtida Majnun erur. Ovora ham.

Tandagi paykonlar-u, ashkim yorutmas uynikim,

Dudi ohimdin qorarmish sobitu sayyora ham.

Zaxmi koʻp bagʻrimni tikmak mumkin ermas, ey rafiq,

Kim, erur yuz pora-yu, majruh erur har pora ham.

Vasli iqboli-yu, men hayhotkim, ruxsorini

Toqatim yoʻqdur yiroqdin qilgʻali nazzora ham.

Oʻyla, suv qildi balo koʻhsorini ohim oʻti,

Kim, olib koʻksumga urguncha topilmas xora ham.

Charx makru fitnasidin gʻofil oʻlmang, zinhor,

Chunki, bu shohid base fatton erur. Makkora ham.

Telbarab, ittim Navoiydek junun sahrosida,

Qilmadi yodimni hargiz bir pari ruxsora ham...

(U burilib qarab odamlar hamon ergashayotganini payqaydi.)

Ketmadinglarmi?

Ergashganlar. Yoʻq.

Alisher. Sabab?

Ergashganlar. Hali Sizga aytmagʻon gaplarimiz bor.

Alisher. Men hajga borayapman. Xalal bermanglar. Meni yoʻldan qoldirmanglar.

Ergashganlar. Biz yoʻlda qolib ketsak, bizning xatolarimiz, gunohlarimizni ham soʻrang!

Alisher. Albatta, soʻrayman. Eng avval, oʻzimning xatolarim, gunohlarim bor. Men ham bir bandaman, ulardan poklanishim kerak. Keyin, barchaning dardi...

(U besh-oʻn qadam yuradi. Qarasa, baribir orqadan odamlar kelayapti.)

Toʻxtanglar! Xoʻsh?

Ergashganlar. Siz ketsangiz, bizning arzu dodimizni kim eshitadi? Kim oʻz himoyatiga oladi?

Alisher. Qiziq ekansizlar! Qozi bor, bek bor, dorugʻa bor, hokim bor, shoh bor... Hammadan burun, arzu dodingni Xudoga aytish kerak!

Ergashganlar. Aytamiz. Lekin Osmon uzoq Yer qattiq...

ALIShYeR (oʻylanib). Kelinglar, mayli. Eshitaman.

(Barcha qum ustiga oʻtiradi.)

Hajga endi borolmasligim ham mumkin. Necha bora shahdlandim. Goh hozir mavridi emas, goh yoʻl xatarli, deb Sulton Boyqaro izn bermadi. Toʻgʻrirogʻi, meni yonidan ketgazgisi kelmadi. Yana bir otlanib, qat’iy qaror qilgʻonimda yurt peshvolari, e’tiborli kishilar yoʻlimni toʻsdi, bormang, deb yolvordi. Mana, shu kunlar bormoqchi edim, bu gal safar aniq edi, lekin yiqqanimni yurtga topshirdim. Yoʻlimdan chiqib menga umid bilan boqqan insonlardan boshlab qoʻlimdan don yegan qushlargacha – ularning ahvoli, taqdirini oʻyladim...

Kimki, bir koʻngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Ka’ba vayron boʻlsa, obod aylagay...

Men bu Ka’bani kimga tashlab ketaman? Buyogʻi umrim tugagunicha shu sahroda, haj yoʻlidamen... Marhamat, soʻzlangiz!

Ergashganlar. Qandoq soʻz boshlamoqni ham bilmasmiz. Bizning har kun, har soatimiz alam va motamdan iborat. Soʻz yoʻq...

(“Qaro koʻzim” qoʻshigʻi, barcha boshini solintirgan, sukutga choʻmgan holatda, mahzun yangraydi. Nihoyat...)

ERGAShGANLAR (Birinchi kishi). Hirotda shu kunlar oʻgʻrilar, qotillar, har xil yovuzlardan toʻygan edik. Sulton Boyqaro janoblari ularni jazolash toʻgʻrisida farmon berdilar, bizning baxtimiz, osoyishtaligimizni oʻylab, kerakli, dono ish qildilar. Tashakkur! Ammo Hirotda ahvol oldingidan yuz chandon badtar boʻldi...

ERGAShGANLARDAN (Ikkinchi kishi). Odamlar gunohkor-gunohsiz birovlarni tutub kelturub, ular keksa ekan, yosh ekan, deb ham qarab oʻtirmay, ming azobu uqubatlarga solinayaptilar. Balki, ma’quldur! Ammo zindonbonlar, soqchilar, mirshablarga Xudo “berdi”. Mahbuslardan ba’zilarni taxtaga, toshga-devorga mixlatib tashlayaptilar. Ba’zilarni qoʻltigʻidan osib, oyogʻiga tosh bogʻlab ikkiga boʻlib-parchalayaptilar. Yana ba’zilarni koʻzlarini oʻyib, qoʻl-oyoqdan tirnoqlarini sugʻurib olayaptilar...

ERGAShGANLARDAN (Uchinchi kishi). Yovuzlik, zolimlik saltanat uchun qonun ekanmu yoki odamning qonida bor ekanmu, gunohkor, jazo berayapmiz, deb shundoq shafqatsizlik qilinayaptiki! Bunisi holva. Birgina aybdor chiqibdi, deb ayamay, butun koʻcha, butun mahallalarni buzub, aholisi qirib tashlanayapti. Sulton Boyqaroning farmoni shundoq ekan! Keksalarda nima gunoh? Goʻdaklarda nima gunoh? Siz doim haqiqat, adolat, deysiz. Haqiqat qani? Adolat qani?

ALIShYeR (oʻrnidan turib ketib, xafa boʻlib, jahli chiqib). Bu – yangi bir bedodlik! Ayanchli hol! Lekin senlar ham bunday oʻylanglar. Na issiqqa, na sovuqqa chidaysanlar! Podshoh rahm qilib, suyib, koʻngilchan-boʻsh qarasa, na hokimu dorugʻa, na biri-biring bilan kelishmay qoʻyasanlar! Oʻzlaringdan ketib, boshga chiqib olasanlar! Buzgʻunchilik qilib, noxushlik keltirasanlar! Podshoh aksincha, qat’iyat koʻrsatib, gʻazablanib, arqonni tortsa, darhol musichai-begunoh boʻlib qolasanlar. Obidiyda qilib, nola-afgʻon chekishga tushasanlar! Koʻchaga chiqqan bolaga qaramaysanlarmu? Kitob oʻqutmaysizlar. Mehnatga oʻrgatmaysizlar. Bu bolalar, yoshlar Mirxondni, Xondamirni bilmaydi. Shoh Muzaffarni, Behzodni bilmaydi. Tarbiya bermaysizlar! Birovni kechasi uyiga bostirib kirib pichoqlagan maxluqni men himoya qilishim kerak ekanmu? Har qandoq shafqatsizlik, qon toʻkish, birovga jabr-sitam menga yoqmaydur! Biron vajdan oqlamasmen ham! Ammo senlarga ortiq yordam ham berolmaymen. Kerak boʻlsa, podshohga boringlar!

(Shu payt ergashganlar orasida Alisherning bexosdan Abdulxay tabibga koʻzi tushib qoladi.)

Abdulxay tabib! Siz nega bu yerda turibsiz?

Abdulxay. Olijanob hazrat! Yotib oling. Siz yotishingiz kerak! Isitmangiz baland...

Alisher. Yoʻq, siz roʻy bergan ahvolga qandoq qaraysiz?

Abdulxay. Ming qatla uzr, Amirim. Men hakam emas, hakimman. Albatta, voqeaning ma’nosiga, odamning aft-angoriga qarab baho beriladi. Ammo men birovni hayotning guli, birovni qabih ekan, deyolmayman. Yaxshi-yomon barchani davolayman. Sizga yaqin tomonim, men ham inson yovuzlikdan, jaholatdan, dardlardan qutulishini istayman... Endi bir oz orom olmasangiz boʻlmaydi.

ALIShYeR (unga ortiq ahamiyat bermay, oʻzicha). Hajga borayotgʻon edim. Yoʻl bunchalar choʻzilib ketdi.

(U yana qumda vazmin surina boshlaydi. Odamlar ham ergashadilar. Bir mahal toʻxtab...)

Haliyam shu yerdamisizlar?

ERGAShGANLAR (Birinchi kishi). Savol chiqib qoldi.

Alisher. Nima ekan?

ERGAShGANLARDAN (Ikkinchi kishi). Ulugʻ insonsiz. Biz osiy bandalarni kechiring... Siz Shoirmi yoki Amirmisiz?

Alisher. Shoirlik qismatim. Amirlik ham... Aqlimni taniganimdan yolgʻizlik va faqirlikni istadim. Umrimda juda erta bu dunyoning omonat, foniy ekanligini ongladim. Xushnud va ogʻir damlarda bir soʻz-ikki soʻz aytib oʻzumni ovutmoqqa urundim. Hali dunyo toʻkis, inson naqadar komil emasligi meni qaygʻuga soldi. Yillar davomida dunyo ishlaridan uzlatga chekindim. Mana, hozir ham ziyoratgohda gʻariblikda turibmen. Ammo hayot gʻavgʻosi va savdosi menga biron payt osoyish bermadi. Bu kun ham oʻzi-oʻzimcha qolib, xatolar, gunohlarimiz uchun tavba-tazarru qilishga imkon yoʻq. Ana, intilgʻonim bilan, Ka’baga yetib borolmayapman. Roʻy berayotgan ahvol, odamlarning biri-birini onglamasligi, biri-biri bilan kelishmasligi, johilligi, xudbinligi meni oʻrtab yuborayapti. Men Yer yuzida irqi, millati, diniga qaramay, Tangri taologa itoatda boʻlgʻon insonlar ahil, erkinlikda, hur yashashini orzu qildim! Ammo insonlar aksar isyonda boʻldilar. Ular, shohdan gadogacha, osoyishtalik boʻlmagʻon yerda xotirjamlik ham, bunyodkorlik ham, baxt-saodat ham boʻlmasligini oʻylamadilar. Dushmanlik emas, doʻstlik qilishni istamadilar. Xudoga, biri-biriga boʻyinsunmadilar. Odamning odamga zulmi, zoʻravonligi boʻlgʻon yerda qotil ham, maqtul ham quldur. Men sizlarga doim yordam berishni istaymen. Taassuflar boʻlsunkim, yordam berolmayapmen...

(Abdulxay tabib boshqalardan ajralib kelib, uni qoʻltigʻidan tutadi.)

Abdulxay. Hazrat! Jon hazrat! Bir oz orom oling. Bemor oʻzi hakimga yordam bermasa, hakim qiynalib qoladi... Bu tomon kun kech. Oftob botayapti...

(Sahroda quyosh bota boshlaydi.)

Oʻninchi holat

Saroyda Sulton Husayn Boyqaro a’yonlari bilan. U ham, a’yonlar ham horgʻin, parishon. Tashqaridan odamlar suroni eshitiladi.

Boyqaro. Ne shovqin? Gʻulgʻulaga bois ne?

Amir Ali Bobo. Kelganlar podshoh arzu dodimizni eshitsun, deyishayapti.

Boyqaro. Biz ularning bezorilar, buzgʻunchilar ustidan yozgʻon arzu dodlaridin, irodasidin kelub chiqib, farmon berdik. Yana nima shikoyat bor ekan?

Xoʻja Shahobiddin. Ahvoldan ular hamon norozi boʻlishayapti.

Boyqaro. Nega norozi boʻlar ekan? Jinoyat sodir qilgʻonlarga jazo barhaq. Oʻz ekkanini oʻrsin!

Xoʻja Shahobiddin. Raiyat oʻz baxtu saodati posboni boʻlgʻon podshohiga koʻnglida borini aytishi shar’an va rasman ravo, Sulton hazratlari.

Amir Valibek. Ular bir bedodlik oʻrnida ikkinchi bedodligʻ, qordin qutulib yomgʻirga tutulgʻondek boʻldik, deyishayapti. Hirotda tinchlik oʻrnashgʻoni yoʻq, deyishayapti.

BOYQARO (Mulozimlarga). Ayt, mashvarat qilib olgʻuncha tinchib tursin!

(Mulozimlar chiqib ketishadi. Tashqarida toʻlqindek bir koʻtarilib, bir tushgan suron tinadi.)

Majididdin. Koʻp chora-tadbir koʻrulgʻoniga qaramay, chindan notinchlik davom etayapti, onhazrat! Biz, sodiq qullaringizning Xudo oldida ham, Sizning oldingizda ham gunohimiz boʻynimizda. Hamma balo shundaki, birovlar buzgʻunchilik, oʻgʻrilik, qotillik qilayotgʻonidan boʻlak gap bizga aniq emasdi.

Amir Valibek. Hozir ham aniq emas. Qorongʻuda paypaslanib yurgʻon kishidek ish tutmoqqa toʻgʻri kelayapti.

Majididdin. Bundan tashqari, kim aybsiz, kim aybdor tekshirib-aniqlab ajratishni fuqaroga havola qilmagʻon durustmidi? Beayb Parvardigor! Hech bir aybi yoʻq banda boʻladimu? Kimning kimgadir qasdi boʻlsa, oʻch olish, kimdir oʻz odamini qutqarib, begunoh birovni jarga surib tashlash kabi hodisalar ham roʻy berayapti. Johil mirshablaru ish topilsa qoʻlini ishqay boshlaydigʻon jallodlar-ku, doʻppini ol, desa boshni olaveradi. Haqiqatni surishtirib, adolatga rioya qilish qozi-quzzotlarning vazifasi. Ammo ular ham koʻzlarini pirpiratib, gangib yuribdi. Alqissa, hoʻlu quruq baravar yonib yotibdi, podshohi olam.

Boyqaro. Soʻzlashdin murod – amal. Men uchun u muhim!

Majididdin. Qandoq boʻlmasun, kundalik hukumat ishlaridan ozod boʻlgʻon, lekin davlat nomidan soʻzlash, hukm yuritish, katta-kichik arboblarni ham taftish qilish haq-huquqiga ega dono bir kishi kerak. Bunga barcha ishtibohsiz qaraydurgʻon kishi! U ahvolni tez, teran oʻrganib-bilib aybdor bilan aybsiz orasin ajrim qilishi lozim! Adolatli ish tutilgʻoniga odamlar ishonishi lozim! Shundoq qilmaguncha Hirot tinchimaydi, onhazrat.

BOYQARO (oʻylanib). Kim? Kim bu vazifaning uhdasidan chiqa oladi? Shu taxlit hakam yurtda bormu? Topiladimu?

(A’yonlar ancha sukutga choʻmishadi. Axiyri...)

Amir Valibek. Amir Alisher... Boʻlak kishini eslamadim.

Xoʻja Shahobiddin. Ul Zotdan boshqa kishi bu vazifani bajarolmaydi!

Sohibdoro. Yurtda biron odam yoʻqki, Amir Alisherning toʻgʻri, halol ish tutishiga shubhalanib qarasa!

Amir Ali Bobo. Ul Zot birovni jazoga buyursa ham, birovga shafqat qilsa ham, insof-diyonat koʻrunadi. Hech kim norozi boʻlolmaydi!

Majididdin. Men Amir Alisherni hazratning salomatliklari yomon boʻlgʻoni, dardlari borligi uchun aytmadim.

Boyqaro. Yaqin Kishimizga bu garon yukni ortsak, ogʻirlik qilmaydimu? Ne deysiz, Abdulxay tabib?

Abdulxay. Amir Alisher bir yengil tortib, bir ogʻir yotqon edilar. Alhamdulilloh, ikki kundan buyon oyoqqa turdilar. Qolaversa, Alisher hazratlarining yurt, el-ulus tashvishidan boʻlak nima dardlari bor? Men ul janob nomlaridan istagancha soʻz aytishim mumkin. Kafolat bergʻonlar. Mabodo shahanshoh Amir Alisherga bu vazifani topshirsalar, u kishi buni har qachongi Sizning ishonchingiz va marhamatingiz, deb biladilar. “Bosh ustiga” deb mamnun, minnatdor boʻlib qabul qiladilar.

BOYQARO (xursand boʻlib). Tashakkur. Borakolloh.

Oʻn birinchi holat

Bir yertoʻlada fonus yoqib Haydarbek ikki oʻsmir bilan chilim tortib oʻtiribdi. Qoʻlida bosh chanogʻi uchinchi oʻsmir kiradi.

Uchinchi Oʻsmir. Haydarbek, qara. Men buni tarashlab, qadah yasamoqchiman. Marvarid qadab, oʻz dinimiz bayrami kuni senga sovgʻa qilmoqchimen.

Haydarbek. Sovgʻani har kuni aytib yurib emas, indamay vaqtida topshirish kerak! Kel, oʻtir, chilimdan tort.

(Oʻsmir chanoqni mixga ilib, oʻtib oʻtiradi.)

Birinchi Oʻsmir. Malla! Shaharda nima gap?

Uchinchi Oʻsmir. Suv quygandek!

Ikkinchi Oʻsmir. Boʻlishi mumkin emas... Bu yerda tuqqan xotindek yotib, zanglab ketdik. Hatto kunduzi birrov chiqmayapmiz... Haydarbek, bir aylanib kelmaymizmi?

Haydarbek. Har kecha bir kishining chiqqani yetadi! Hozir sharoit shunaqa! Sen, Malla, yalpayib oʻtirmay, ahvolni gapir. Senlar tek oʻtiringlar!

Uchinchi Oʻsmir. Toʻgʻrisini aytsam, meni oʻldirishing mumkin. Qoʻrqamen.

Haydarbek. Oʻldirmaymen.

Uchinchi Oʻsmir. Shahar rostdan ham jimjit! Odamlar, ikki yuzga yaqin kishi, Husayn Boyqaroga shikoyat bilan borgʻonlar. Shuning uchunmi, qoʻlga olingʻonlarni jazolash taqa-taq toʻxtagʻon. Bunisi yaxshi. Sharoit yumshaganidan, bizga yangi qoʻshiladigʻonlar chiqadigʻonga oʻxshaydur. Bunisi ham yaxshi...

Haydarbek. Choʻzma!

Uchinchi Oʻsmir. Mirshablardan bir aygʻoqchimizning aytishicha, endi qozi-yu, qozixonalarni chetlab bir madrasa hujrasida Amir Alisher qoʻlga olingʻonlarni tergayotgan ekan...

HAYDARBYeK (jonlanib). I-e, Amir Alisher deysanmi? Yaxshi-ku! Men Navoiyni bilaman. Vaqtida otam Amir Jahongir barlosni qoʻllagʻon. Podshohga aytib, Turshiz qasabasiga hokimlikka qoʻygʻon edi. Keyin, otamni qasaba aholisi oʻldirib ketgʻon. Ammo Navoiyning himmati mening xotiramda qolgʻon.

Uchinchi Oʻsmir. Yomon joyi, Amir Alisher birovni urushmas, soʻkmas, hatto baland tovushda gapirmas, faqat rost soʻzlashni talab qilar ekan. Qoʻlga olingʻonlarni yolgʻon yoki rost soʻzlagʻoniga qarab, ikki tomonga ajratayotgʻon ekan...

Haydarbek. Buning yoʻli oson. Yigʻlab yuborib, yoqa yirtib yolgʻonni rostdek koʻrsatsa boʻladi. Ba’zilar qandoq ishontirishni bilmaydi.

Uchinchi Oʻsmir. Oson emas ekan-da! Amir Alisher yuz-koʻzingga bir qaraganida, sen hali soʻzlamay turib, butun hayoting unga koʻrinib qolar ekan. Avliyomi yoki yarim avliyomi, deyishadi.

Haydarbek. Oʻzim u kishining oldiga bostirib borsammikan?

Birinchi Oʻsmir. Bizni oʻyinga solib, oʻzing esingni yeb qoʻydingmi, Haydarbek? Nimalar deyapsan?

Haydarbek. Esim joyida! U kishi avliyo boʻlsa, men paygʻambarmen. Senlar ishondinglar-ku, hazratni ham ishontiraman.

Ikkinchi Oʻsmir. Amir Alisher qayoqda-yu, biz qayoqda? Qaltis ishni oʻylama! Qaltis hazillashma ham!

Haydarbek. Hazil harom. Hazratning oldiga borib, bir oz yolgʻon-yashiq gapirib aldayman. Keyin, ochiq savdoga oʻtaman. Siz dono odamsiz, tushuning, yangi din, yangi paygʻambar kerak, men shu paygʻambar boʻlib keldim, deyman. Bir payt otamni qoʻllagʻonsiz, meni ham qoʻllab yuboring, deyman. Husayn Boyqaro doʻstingiz, lekin mamlakatni boshqarolmayapti, farzandlari ham boshqarolmaydi, men boshqarishim kerak, deyman.

Birinchi Oʻsmir. U kishi xuddi shuni kutib oʻtiribdi!

Haydarbek. Menga birinchi iymon keltiring, odamlarning har xil dinga kirgʻoni notoʻgʻri, dunyoda ozgina odam qolib, hamma bir yoqqa qarab borishi kerak, deyman. Shuning uchun menga bu adashib-tentirab yurgʻonlarning joni va moli halol qilib berilgʻon... Siz erkinlik kuychisi. Ikkimiz birlashaylik, deyman.

Ikkinchi Oʻsmir. Amir Alisher shunchalik goʻlmidi, sening ogʻzingga qaraydurgʻon?

Haydarbek. Qarataman. (Pastak deraza oldiga kelib, koʻchaga koʻz tashlaydi.) Kun yorishayapti. Senlar shu yerda kutib oʻtiringlar, men bir oz koʻcha aylanib, ana, koʻrasizlar, bemalol gaplashib kelaman.

Uchinchi Oʻsmir. Bormaysan! Sen borib bizni sotmoqchisan!

Haydarbek. Senlarning nimangni sotadi? Oʻzlaring sotilgʻonsanlar! (Qoʻynidan pichoq chiqarib.) Yoʻlimni toʻsma!

Birinchi Oʻsmir. Sening gapingga kirgʻon biz ahmoq... Doʻppi tor kelayotganini bilib, endi oʻz joningni qutqarishni oʻylayapsan. Nomard!

(Ular ham qoʻyinlaridan pichoq chiqarishadi. Haydarbek maymundek sakrab, ulardan birini chaladi, birini tepadi, uchinchisining koʻksiga pichoq sanchadi. Qattiq olishib, qolgan ikki oʻsmirni ham pichoqlaydi.

Keyin, shoshmay nimalarnidir bir tugunchaga yigʻadi. Fonusni oʻchiradi. U yon-bu yon qarab, boyagi bosh chanogʻini fonusning ustiga qoʻndirganicha, xonadan chiqib ketadi.)

Oʻn ikkinchi holat

Hirot madrasalaridan biridagi keng-moʻl hujra toʻrida Amir Alisher qogʻoz qoralab oʻtiribdi. U yon tomondagi oʻyiq ravoqlardan biriga oʻychan tikiladi va harir parda ortida shu asno yana Nozanin koʻrinadi.

ALIShYeR.

Nazarga qaysi tarafdinki, bir gʻubor kelur,
Koʻzum yorur – bu tamanno bilaki, yor kelur.
Chu koʻchadin qulogʻim «dubdur»ni eshitsa, koʻngul
Dukullar, oʻylaki, ul nozanin-suvor kelur.
Boqar yana sari-koʻrmasqa solibon ul shoʻx,
Qoshida – qaysaridinkim, bu beqaror kelur.
Qochinglar, ahli salomatki, kofiri masti –
Chiqorgʻali xirad-u, sabrdin dimor, kelur.
Koʻrub, boʻlurlar oshufta roʻzgʻor ahli,
Qayu tarafki, bu oshufta-roʻzgʻor kelur.
Bukim, biri-biri keyincha bordilar ahbob,
A’zolarigʻa sirishkim tuzub, qator kelur.
Navoiy-yo, qalaming javri-bahr yoʻlimidur,
Ki, turmayin ichidin durri shohvor kelur...

Nozanin. Yor kelur...

Ul nozanin-suvor kelur...

(parda ortidan chiqib)

Men keldim! Badkorlar daf boʻlib, begunohlar oʻz tirikchiligini davom ettirgʻoni uchun Sizga tasanno. Toliqibsiz! Lekin azob bilan, mashaqqat bilan haqiqat va adolatni qaror topdirdingiz.

Alisher. Bu – eng avval, Sulton Husayn Boyqaro hazratlarining himmati, zakovati.

Nozanin. Balki, shundoqdir? Men bilmaymen.. Siz oldin ham necha bora «qozi»lik qilgʻonsiz. Birovlarning mushkulini oson qilish, yoshlarning boshini qovushtirish! Odamlar rivoyatlar toʻqub yuradilar. Ammo bu galgi hakamlik... Uch kun ichida har kuni necha oʻnlab kishini tergash oʻzi boʻlmaydi!

Alisher. Men unday deb oʻylamayman. Saltanatga, yurtga, elga xizmat qilish bizning vazifamiz. Men uchun dunyoda yurt tinchligi, elning osoyishta, baxtli hayot kechirishidan muhim va aziz narsa yoʻq!

Nozanin. Siz qoʻlga olingʻon, jazo berilishini kutayotgʻon mahbuslarni bir-birdan, navbat bilan hujraga chorlab tergaganingizni eshitdim. Gunohi boʻlmay tuhmatga qolgʻonlarni qutqarganingiz, gumrohlik qilib adashgʻonlardan bir qismini mardikorlikka yuborib, bir qismini tarbiya uchun qarindosh-urugʻlari qoʻliga topshirganingizni ham bilamen. Gunoh qilmoqqa ulgurmagʻonlardan yana bir qismni turli ustalardan hunar oʻrganishga joʻnatgʻoningizni ham odamlar gapirib yuribdi. Gunoh qilgʻon va ashaddiy buzgʻunchilarni jazoni belgilash uchun mirshablar orqali qozikalonning oʻzlariga yuborganingizni ham aytishdi. Bu gaplardan nafaqat men, Hirotda hamma xabardor...Tagʻin ne ish qolgʻon ekan?

Alisher. Ana-mana, koʻrursen...

(Hujraga ikki mirshab kiradi. Nozanin parda ortiga chekinadi.)

Birinchi Mirshab. Ulugʻ Amir! Qoʻlga olingʻon, tergash lozim boʻlgʻonlardan hech kim qolmadi. Faqat, hovlida uch-toʻrt kishi qabulingizni istab oʻtiribdi.

Alisher. Kimlar ekan?

Ikkinchi Mirshab. Ularning bizga daxli yoʻq! Bir masjid ahli bilan, mullavachchaga oʻxshagan muloyim, odobli bir yigit.

Birinchi Mirshab. Biz mahkamaga qaytib ketaveraylikmu? Bizga ruxsatmu? Agar muhim bir xizmat boʻlmasa...

Alisher. Shoshmanglar! Xizmat bor... Mulozim qayerda?

Ikkinchi Mirshab. U ham hovlida...

Alisher. Mulozim eshik oldida tursun. Masjid ahli kirsun. Sizlar yigit bilan gaplashib oʻtiringlar. Ketib qolmasun. Aytganimda kiritasenlar.

(Mirshablar chiqib ketishadi. Eshik oldida mulozim paydo boʻladi. Ichkariga katta koʻchada joylashgan masjid muazzini va uch some’ kirib kelishadi.)

Muazzin Va Some’lar. Assalomu alaykoʻm va rahmatullohu va barakotuhu.

Alisher. Va alaykoʻm assalom. Marhabo!

(Kelganlar oʻtib oʻtirishadi.)

Muazzin. Janob Amir! Biz bilan soʻzlashmaysiz, deb qoʻrqqan edik.

Alisher. Nega?

Birinchi Some’. Sizning dindorlar, mullalar, hatto shayxlar toʻgʻrisida ba’zan qattiq yozgʻoningiz ma’lum. Zohidlarni xush koʻrmaysiz...

Alisher. Men Tangri taolo yaratgʻon barcha tirik jonni xush koʻramen. Ammo din va jaholat, ma’rifat va xurofot bir emas. Ba’zi mullalar masjidda oʻzini shundoq kibr-havo bilan tutadiki, goʻyo uning oʻzi ayni shu soatda toʻgʻri Xudoning oldidan yerga tushgʻondek. Bu kam, dunyoda yashagʻondan koʻra hoziroq oʻlib qoʻyaqolgʻon ma’quldek koʻyda va’z aytadi. Biz tiriklarga, rahravgʻa, fano – baqo ekanligini, foniy dunyo boqiy dunyoning yoʻlagi ekanligini yoki tushunmaydi, yoki tushunmaganga oladi.

Ikkinchi Some’. Xokisor, aqlli mullalar ham koʻp.

Alisher. Koʻp! Shundoq boʻlsa-da, birgina zohidning oʻzini jannat eshigida turgʻondek, barchani kofir deb doʻzaxga haydayotgʻondek tutgʻoni oxirati obodonligini oʻylab, foniy dunyoga koʻrk berayotgʻon kishilarning koʻngliga ozor yetkizadi. Bu mayli, suyagi qotmagʻon norasidalar-yoshlarni dindan ham, dunyodan ham bezdiradi. Egri yoʻllarga surib yuboradi. Ularning fikrini buzadi... Endi sizlar ozgina sabr qilinglar. (U hujraning ikkinchi tomonidagi harir parda tortilgan oʻyiq ravoqni koʻrsatadi.) Mana, bu yoqda ovoz chiqarmay turinglar. (Ular parda ortiga oʻtishadi. Alisher mulozimga murojaat qiladi.) Hovlidagi yigit kirsun..

(Hujraga Haydarbek kiradi.)

Haydarbek. Assalomu alaykoʻm va rahmatullohu va barakotuhu.

Alisher. Salomga alik olmaslik gunoh. Va alaykoʻm. Kel!

Haydarbek. Siz meni tanimaysiz. Shuning uchun hali tanishmay turib har narsani gumon qilayapsiz! Amir Jahongir barlosni eslaysizmu, men oʻsha odamning oʻgʻliman.

Alisher. Bilamen. Sen Haydarbeksan!

Haydarbek. (asabiylanib). Yigitlardan birovi majbur boʻlib sizga mening ismimni aytib qoʻydimu? Meni sotdimu?

Alisher. Yoʻq. Birontasi ogʻiz ham ochgʻoni yoʻq. Lekin xalq nodon emas. Sening isming allaqachon ayon boʻlgʻon edi... Sening qilgʻon vahshiyliklaring koʻrinar, oʻzing panada eding. Shundoq pardalangʻon edingki, odamlar yaqin bormoqqa qoʻrqqanlar.

Haydarbek. U sizga qayerdan oshkor boʻldi?

Alisher. Aytamen. Gunohkorlardan rost soʻzlashni talab qilgʻonimda, yolgʻon emas, rost soʻzlagʻonlardan ham hech biri maqsadga yaqin bormadi. Shunda, men ulardan, yolgʻiz yigitga oʻxshaysan, hech kiming yoʻqmi, deb soʻragʻondek boʻldim. Ular kimi boʻlsa, aytdi. Doʻst-birodaring-chi, deb soʻradim. Bir-ikkisi oʻz tengi-toʻshini sanayotgʻonida, aftidan beixtiyor, sening isming ogʻzidan chiqib, rangi oqarib ketdi. Men bu, sen ekanligingni payqadim.

Haydarbek. Siz meni oldin koʻrmagʻonsiz. Hozir bu men ekanimni qayoqdan bildingiz?

Alisher. Sen masjid ahliga qoʻshulib, oʻzingni muloyim, odobli mullavachchadek tutgʻoning-u, eshikdan kirasolib mullalardek salom bergʻoningdan bildim.

Haydarbek. Men oʻzim mullavachchamen.

Alisher. Bilamen. Sen madrasada oʻqugʻonsen. Katta koʻchadagi masjidga ham borib turgʻonsen. Seni tanib qolgʻoni uchun, imomni urub, majruh holga solgʻonsen.

Haydarbek. Nega kelganimni ham bilasizmu?

Alisher. Bilamen. Sen meni aldab-avrayman, deb kelding.

Haydarbek. Meni kutmaganmidingiz?

Alisher. Nega? Kutayotgʻon edim. Jinoyatchi baribir, oʻzi jinoyat qilgʻon yerlar atrofida aylanadi.

Haydarbek. (oʻylanib). Hazrat Amir! Siz yer ostida ilon qimirlasa, bilar ekansiz. Sizdan gap yoshurib boʻlmas ekan. Mayli, dardimni sizga dasturxon qilamen... Siz vaqtida otamga mehribonlik koʻrsatgansiz. Uni oʻldirishdi. Olomon urib-tepib, yulib-yulqib sazoyi qilib oʻldirdi. Endi otam Amir Jahongir barlos yoʻq. Lekin olomonning johilligi, yovuzligi-yu, sizning dadamni qoʻllagʻoningiz, bagʻrikeng, shafqatli inson ekanligingiz mening xotiramda qolgʻon. Shuning uchun oʻz oyogʻim bilan oldingizga keldim.

Alisher. Amir Jahongirning ham, – yovuzligi, vahshiyligi bu darajaga bormagʻon boʻlsa-da, – buzuq ishi koʻp edi. Uning uchun odamlarni qiynash, toptash pashsha qoʻrishday gap edi. Bir kuni oldimga kelib yigʻladi, tuzalaman, dedi. Men unga achinib, tarbiya topishini umid qilib, keyin umrim davomida bir marta Sulton Husayndan tanbeh olgʻonmen.

Haydarbek. Otam sizning yuzingizni yerga qaratgʻon, albatta. Xudo kechirsin, u nodon, johil kishi edi. Gunoh qilishdan qoʻrqmasdi.

Alisher. Astagʻfurulloh! Odamlarga shuncha zulm oʻtkazib, bedodlik qilib, sen dono, aqlli, yana gunoh qilishdan qoʻrqar ekansenmu?

Haydarbek. Hamma narsa maqsadga bogʻliq. Men «Oriylar» degan jamoa tuzgʻon edim. Siz ulugʻ insonsiz, tushunasiz. Dunyoning yarmi past tabaqa, gunohga botgʻon, yerda qurt-qumursqadek sudralgʻon kishilar. Qadimdan hozirgacha butun tarix davomida sizdek mutafakkir insonlar odam oʻzgarsin, tuzalsin, oliy bir daraja kasb etsin, deb harakat qilib kelgʻonlar. Shundoq emasmi? Lekin odamlar kam oʻzgardi! Men shu harakatni tezlashtirishga urundim. Men yangi din yaratgʻon praygʻambarmen. Dunyoda odamlar yagona e’tiqod tutgʻon, yagona oliy irq boʻlishi, Xudoni tanigʻon Odam darajasiga yetishini orzu qildim.

Alisher. Telba! Odamga jon ato etish ham, uning jonini olish ham sen emas, Yolgʻiz Tangri taoloning ishi! Birovni begunoh, birovni osiyga ajratish, birovga yuksak masnad berib, birovni pastga tushirish ham Xudodan! Sen oyoq ostidagi bir chumolining yoʻlini oʻzgartishga qodir emassen! Olimmi, shoirmi, ulamomi – mutafakkirning vazifasi ziddiyatli dunyoda faqat mutanosiblik, mezon saqlanib turishiga xizmat qilishdan iborat. Dunyoni tuzataman, deb odamlarni qirish, qatagʻon qilish – jallodlikdir. Parda tortgʻon bilan yopilmaydurgʻon jinoyatdir... Oʻgʻurlik qilib yurgʻoning-chi?

Haydarbek. Oʻgʻrilik yomon. Lekin jamoaga mablagʻ kerak edi. Toʻgʻri, boshqa yerlardan ham tarafdorlarim menga yordam bergʻonlar, oʻzim baribir koʻproq kuch yigʻishga majbur edim.

Alisher. Tarafdorlar? Yurtni ichdan buzmoq istagʻon, turkiy el-ulus ahil boʻlishi, bir yoqadan bosh chiqarishiga doim raxna solgʻon dushmanlar! Sening barcha aytgʻoning ham ularning soʻzi...

Haydarbek. Mening oʻz e’tiqodim shu! Buni sizdek ulugʻ kishi ham jon-vujudimdan chiqartirolmas! Yoshlikdan shu yoʻlni tutgʻonmen. Men nasihat eshitmoqqa kelgʻonim ham yoʻq... Tushunib turibmen, siz menga fikrdosh boʻlolmaysiz! Faqat, bilmoqchimen. Ana, yoningizdamen, siz meni oʻlimga hukm qilasizmu?

Alisher. Biror yoqqa nega qochmading? Seni hech kim tanimas edi. Tutmas ham edi.

Haydarbek. Qochardim. Ayrim nomardlar...

Alisher. Ularga endi sen kerak emassen... Sening mulking – odamlarga nafrat, mening mulkim – muhabbat. Sen oʻgʻri, kallakesarsen. Buning ustiga, muqaddas dinimizga malomat keltirib kufr va isyon yoʻliga kirgansen! Buzgʻunchisen! Yovuz jamoa tuzgʻonsen! Lekin birovga jazo berish mening vazifam emas! Men nafaqat inson, biron tirik jonga ozor yetishini istamasmen. Eng yomon, eng tuban bir maxluqotning oʻlimi ham mening koʻzlarimga yosh keltiradi...

Haydarbek. Rahmat, hazrat Amir... Men endi yomon ishlarimni tashlayman. Tinch yuraman! Tushundim. Faqat, siz menga yordam bering.

Alisher. Bir kunlar otang ham shunday degan edi...

Haydarbek. Otam uchun ham... Meni qutqaring. Oʻldirishmasin! Ayting, bir payt otamga achinganingizdek, hozir menga ham rostdan achinasizmu?

(Shu payt toqati tugab, bir yon parda ortidan Nozanin, ikkinchi yon parda ortidan muazzin va some’lar otilib chiqishadi)

Nozanin. Amir Alisher achinganda ham, men achinmasmen. Sen bir bola tugʻilishi qanchalik azob ekanligini bilasanmu? Keksalar koʻzida gʻiltillagan yosh nima ekanligini tushunasanmu?

Some’lar. Amir Alisher achinganda ham, biz achinmaymiz.

Muazzin. Bizning masjidimiz bozor yaqini, gavjum joyda. Ammo sening kasringga odam kelmay qoʻygʻon edi. Yaratgʻonga shukronalar boʻlsinkim, bu kun bomdod namozidan masjid toʻldi.

(Bexosdan Sulton Husayn Boyqaro, Majididdin Muhammad, saroyga doxil kishilar, Sulton Badiuzzamon va Shijuddin Zunnun hujraga kirib kelishadi. Eshik oldida turgan mulozim bilan ikki mirshab ham ichkari kirishadi.)

Boyqaro. Amir Alisher achinganda ham, men achinmasmen. Saltanatda shafqat boʻlmaydi. Sen buzgʻunchilik qilib, shuncha odam oʻldurub,shuncha xonadon yostigʻini qurutdingki, bu gunohlarning yuzdan biri boʻlgʻonda ham, seni dor kutar edi! Jallod...

(Haydarbek tuyqusdan qoʻynidan pichoq chiqaradi.)

Haydarbek. Bittang yaqinlashma! Gadomi, shohmi qarab oʻtirmayman, chavoqlab tashlayman... Oʻrtadan yoʻl ochasanlar, chiqib ketaman, tamom! (Boyqaroga) Janob Sulton, meni turgʻon-bitgʻon qotil, deyapsiz. Toʻgʻri! Siz-chi! Mana, bu oʻgʻlingiz-u, dunyo talashgʻon boshqa farzandlaringiz? Biri-biring bilan dushmanlik qilib, urushib, odam oʻldurgʻon, oʻldurturgʻon emasmisanlar? Senlarga ruxsat berilgʻon, menga ruxsat yoʻqmu? Xudo oldida men osiy boʻlsam, senlar ham osiy... Yana besh-oʻn kishi qirilmasin, desanglar, yoʻlni boʻshat!

Alisher. Haydarbek! Bu dunyo-u dunyo har kimning qilgʻon gunohi uchun javob bor. Jazodan qochib boʻlmaydi. Seni kechirish qiyin. Men senga achinaman, sen ham odam bolasisen. Yordam berishni ham istayman. Lekin yordam berolmayman...

(U Haydarbekka jur’at bilan, shuning barobarida osoyishta yaqinlashib, qoʻlidagi pichoqni oladi, mulozimga topshiradi. Mirshablar yugurib kelib, Haydarbekning qoʻllarini bogʻlaydilar, uni olib chiqib ketadilar.)

ABDULXAY (Alisherning yoniga kelib). Bir dori yasayapman. Barcha dardga davo boʻladurgʻon. Ertaga kelturaman.

Alisher. Barcha dardga davo, deysizmu?

Boyqaro. Abdulxay tabib aytdimu, ishonmoq kerak.

(Hammalari, ular orasida Nozanin ham chiqib ketishadi. Yolgʻiz Alisher qoladi.)

ALIShYeR.

Har nafas dunyo ishi, charxning jafosi oʻzgadir,
Osmon yulduzlarin dogʻi balosi oʻzgadir.
Kecha-kunduz jomasi yo timqaro yo koʻk magar,
Tun azobi boshqa-yu, kunduz azobi oʻzgadir.
Bil, bu bogʻning gullari motamzada, sadporadir,
Oʻrtanurda har birin kiygan qabosi oʻzgadir.
Ahli dil garchi muqaddas bogʻ sori mayl etsalar,
Bunda ma’no bor. Uning obu-havosi oʻzgadir...


(U hujrada oʻychan nari-beri yurayotib, toʻxtaydi. Ayni soniyada hujra toʻridagi ravoqda maydon koʻrinadi. Alisher boshini koʻtarib qarab, tiklangan dorda chayqalgan Haydarbekning jasadini koʻradi.)

Haqiqat va adolatning bahosi bunchalar qimmat!

(Ravoqdan uzoqlashib, titrab ketadi. Gʻamgin qunishib, yuzi, koʻzlariga kaftlarini bosadi. Nozanin qaytib kiradi.)

Nozanin. Shu bilan, bor bedodlik bitdimu?

Alisher. Ilohim, bitgan boʻlsun... (koʻkka iltijo qilib) Yo Parvardigor! Mening qavmimga va barchaga dunyoda tinch-osoyishta, baxt-saodatli yashashni buyurgin...

PARDA