OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOmon Muxtor
Asar nomiMuhabbat oʻlimdan kuchli (I- kitob)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Omon Muxtor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm301KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/12/10
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
«Шарқ юлдузи» журнали, 2010 йил, 4-5-cонлар


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Muhabbat oʻlimdan kuchli (I- kitob)
Omon Muxtor

Birinchi Kitob - Dengiz Tubi, Sahro Qa’rida
«
Ichkari tashqariga chiqmoq istayur,
Istayur tashqarida mohni.
Tashqari ichkariga kirmoq istayur,
Istayur ichkarida Allohni...

Ikrom Otamurod
»
«
Zuhra Yerda nurga zor,
Osmondaman deb oʻylamang...

Zuhra Aliyeva
»

Muqaddima

Bomdod payti. Ikki mahalla naridagi masjid tomondan azon elas-elas eshitilib, ruhim allanechuk mahzun tortgan va bunga zid har tongda boʻlganidek, parvozlana boshlagan bir dam edi.

Deraza oldida turib, toʻrt qavatli bino tomidan balandroqqa boʻy choʻzgan koʻm-koʻk daraxtlarga tikilganimcha, nimaligini oʻzim ham aniq aytolmaydigan, hayotga doxil uzuq-yuluq gaplarni xayoldan kechirayotgan edim.

Dunyoda odam borki, oʻzini olijanob deb oʻylaydi. Birov mabodo men yomonman, men tubanman, degan taqdirda ham, bilingki, bu noz-firoqdan boshqa narsa emas. Aytgan gapiga oʻzi ishtiboh bilan qaraydi. Tarix boʻyi shunday boʻlib kelgan.

Umuman, odamlar hayotlarida boʻlgan xatolar, gunohlarni tan olmaslikka moyil. Xudo yoʻliqtirmasin, lekin agar tasodifan duch kelsangiz suhbatlashib koʻring, hattoki pixini yorgan jinoyatchi ham oqlanishga harakat qiladi. Mening gunohim yoʻq, kutilmaganda shunaqa boʻlib qoldi, deydi. U ba’zan tarbiya yetishmagani, ba’zan sharoit nobop ekanligidan qabihlikka borgandek taassurot uygʻonadi. Koʻpincha tergovchi uning aybini boʻyniga qoʻygunicha terlab ketadi.

Goho bunday bahs chiqadi. Odamlarning necha foizi dono, ezgu, saxiy? Necha foizi aksincha, nodon, yovuz, manfaatparast? Albatta, buni hech kim hisoblab koʻrmagan. Hisoblab boʻlmaydi ham! Bir tomondan, biz koʻrkam deb bilgan kishida yetarlicha qusurlar bor. Xunuk atalgan kishida esa ulugʻvorlik uchqunlari topiladi. Ikkinchi tomondan, bir yoʻlda ketayotgan odamlarni qanday qilib “sarak-puchak”ka ajratasan? Biz kim boʻlibmiz, buni dunyodagi ulugʻ hakamlar ham bajarolmagan... Ammo Oʻzuvchi doim murakkab bu jarayonga “shoʻngʻish”ga urinadi. Xudo kechirsin, U Zot yaratgan bandalarga “shakl-shamoyil” bergisi keladi. Bu balki, dunyoni anglashga urinish nishonasidir?!

Deraza oldida turib, shularni oʻylaganimcha, bir insonning yaqin oʻtmishdagi qismati yodimga tushdi.

Birinchi Qism - Fillar Hayoti

1

Suratlardan birida parparak. Osmonda charx urayapti. Uning changʻini eslatgan ost temiriga mushukka oʻxshab fil bolasi zanjir bilan bogʻlangan.

Ikkinchi suratda sahromi, allaqanday taqir yer. Bu surat parparakdan turib olingan boʻlsa kerak, biri-birining pinjiga kirib, chumolidek gʻimirlab yotgan toʻda fillar.

Yashaydigan, oʻtlaydigan joyi qolmaganidan, yigirma oltita fil bolasini (dastlabki surat) qaysidir qoʻriqxonaga koʻchirib, boshqa ikki yuzga yaqin filni (suratga tushirgandan keyin) otib tashlashgan ekan...

* * *

— Marva! Sizni!

Telefon qachon jiringladi? U sezmagan edi.

Kitobdan boshini koʻtarib gangib qaradi.

Qabulxonada ular ikki kishi roʻpara ikki stolni egallashgan. Hazrat degan yigit boshliqning yordamchisi; u — kotiba.

Uning ismi — Marvarid. Lekin barcha Marva deyishar, bunga oʻzi ham odatlanib qolgan edi.

Oʻrnidan turib, Hazratning qoʻlidan dastakni olganicha, oʻychan muloyimlik bilan:
— Labbay, — dedi.
— Salom alaykum. Yaxshimisiz, Marvajon?! Tinchmisiz?!
— Yaxshi. Oʻzingiz... — dedi Marvarid bir oz hayajonlangan, shuning barobarida, taraddudlanib-tashvishlangan koʻyda.

Hozir Ibrohimning qoʻngʻiroq qilishini u xayoliga keltirmagan edi.

Bular ikki yildan buyon tanish. Haftada bir — juma kunlari koʻrishib turishadi. Bu — Marvarid uchun bayram edi! Hafta boʻyi shu kunni poylar, keyin soat sanab, kech kirishini kutar, kech kirgach, yoʻlning narigi betidagi bekatga qarab yugurar edi.

U bugun ham soat sanayotgan edi.
— Bir qoshiq qonimdan kechasiz, Marvajon! Bugun borolmaydiganga oʻxshayman. Reja buzildi...

Marvarid bolalikdagi dugonalarini yoʻqotgan, ulardan uzoqlashib ketgan edi. Keyinchalik topgan yaqin dugonasi yoʻq hisobi! Yigitlardan ham doʻsti yoʻq edi. Umuman, hayotda koʻpchilik bilan uning munosabati umri — qisqa boʻlgan edi!

Ibrohim ajoyib yigit! Uning boshqa belgilardan tashqari, hammadan burun bir xislati Marvaridga yoqardi. Ayrim yigitlardek u qiz bilan tanishgach, tezda “qoʻliga erk” bermagan, hamonki erk bermas edi. Ehtimol, shu boisdan, Ibrohimga Marvarid ishongan, oʻrgana boshlagan edi. Ibrohim uni yoqtiradimi? Nega koʻrishib yuribdi? Maqsadi nima? — Marvarid bilmasdi. Oʻzi-chi?! Koʻngli qanday? Bu yigit bilan qaysi koʻchaga kirib, qayergacha bormoqchi?! — bu ham unga qorongʻi edi. Bular toʻgʻrisida oʻylashdan — Marvarid qochar, oʻylashga qoʻrqardi. Chunki butun dunyoda uning Ibrohimdan boshqa kishisi yoʻq.

Ibrohimning kela olmasligi sababi jiddiymi? Balki, biron korhol roʻy bergandir?! Soʻrash kerakdir? Ammo Marvarid parishonlanib, nafas yutib turardi.
— Eski ogʻaynilar qoʻyishmayapti. Davra ekan! — deb soʻzini davom ettirdi Ibrohim. — Qoʻlga tushib qoldim. Xafa boʻlishyapti.

Marvarid masalaga tushungan edi.

Ortiqcha chaynalmadi.
— Demak, keyin...
— Keyin. Lekin men sizni koʻrishim kerak. Dushanbami yoki seshanba!
— Mayli, — dedi Marvarid.

U dastakni ilib, qaytib oʻz oʻrniga oʻtdi.

Ikki yil ichida ular bir marta koʻrisholmasligi dunyoning toʻntarilishi emas! Shunga shunchami?! — u iztirob chekishiga arzimaydi! Ibrohim koʻrsatgan sababni Marvarid bahona, deb shubha bilan ham qaramaydi. Ibrohimning oʻziga ishonganidek, har bir soʻziga ishonadi! Ayniqsa, Marvarid Ibrohimni ogʻaynilaridan rashk qilib, uning erkini boʻgʻishni istamaydi. Umuman... bu kun reja buzilganini aytmaganda, ular har qachongidek gaplashishgan, hamma narsa oddiy, tabiiy edi.

Biroq Marvarid oʻz oʻrnini egallagach, avvaliga bir oz faromushlik tuydi. Yuziga kimdir tarsaki tortgan boladek holatni sezdi.

Koʻp oʻtmay payqadi:

koʻngli notinch, gʻash edi.

Yuragiga gʻulgʻula tushgan edi.

U nogoh esladi:

“Eski ogʻaynilar” — Ibrohim bir payt ishlagan idora xizmatchilari!

Ular toʻgʻrisida, ishdan ketgan kunlari toʻgʻrisida Ibrohim odatda, nohush-asabiy soʻzlar edi.

Marvarid hozir shart oʻrnidan turib Ibrohimga qoʻngʻiroq qilish, unga men bilan koʻrishmang, boʻpti, lekin ularning yoniga ham bormang, deyishni oʻyladi.

Yoʻq, oʻtirgan oʻrnidan qimir etmadi.

Sal hurkib, sarosimalanib hamxonasi tomon koʻz tashladi.

Hazrat ilk qarashda oliyjanob inson! Xushsuhbat, bilimli.

Ammo ishxonadagi odamki bor, u barchasining hayotini ipidan ignasigacha aniqlab-xabardor boʻlib yurgisi keladi.

Buning ustiga, Hazrat boshliqqa haddan tashqari fidoyi. Jonini tikkan. Xizmatchilar haqida bu yigit hoynahoy, boshliqqa axborot ham berib tursa kerak!

Marvarid u bilan emin-erkin gaplashadi. Hasratlashadi. Apoq-chapoq! Lekin koʻnglida uni yoqtirmaydi. Unga ishonmaydi.

Qismat ekan...

Marvaridning hayotida yorugʻ sahifadan qorongʻi sahifa koʻp! Avvaldan shunday.

Bu zulmatga u aksar, kimningdir nazar tashlashidan xavf-xavotirda yashaydi.

Mabodo kimdir undan hayoti toʻgʻrisida soʻrasa, u gapni tez boshqa yoqqa buradi. Koʻmadi. Koʻzlarini olib qochish barobarida, qoʻllari, oyoqlarini ham negadir yashirishga urinayotgani, taniga titroq tushib, buni zoʻr berib yengishga harakat qilayotganini sezadi. Uni ter bosadi.

Marvarid shu bois, boshqalardan ham koʻproq Hazratdan hayiqadi.

U hozir Ibrohim bilan gaplashib, koʻnglidagi dardlarini Hazratning oldida izhor etolmas, buni istamas edi!

Oʻzini beparvo tutgan boʻlib, yana qoʻlidagi kitobni koʻzdan kechira boshladi.

Oʻshlikdan Marvarid, har xil safarnomalar, sarguzashtlarga qiziqar, asosan tarixga, jugʻrofiyaga tegishli kitoblarni oʻqir edi. Tabiat olamiga bagʻishlanib, rangin suratlar bosilgan kitoblar uni ayniqsa qiziqtirardi. Ba’zan idorada ham oʻqib oʻtirar edi.

Ana, u kitobga muk tushgan; biroq endi fillar hayoti aks etgan qaysi suratga tikilib, qanday yozuvlarni koʻzdan kechirayotganini oʻzi ham sezmayotgan edi.

Shu kuni ishxonada boshliq yoʻq edi. Atrof tumanlarni aylangani ketgan. Qabulxona jimjit edi.

Tush payti yaqinlashgan.

Axiyri...

telefonni qoʻriqlab, soyadek qadalib oʻtirgan Hazrat oʻrnidan qoʻzgʻalib, choy ichgani eshikka yoʻnaldi.

Marvarid shoshganicha, telefon yoniga bordi. Nafasi boʻgʻziga tiqilib, raqam tera boshladi.

Besh daqiqa...

oʻn...

yigirma...

oʻttiz...

Natija boʻlmadi!

Keyin:
— Allo. Menga Ibrohim aka kerak!
— Qanaqa Ibrohim?! Adashdingiz.
— Allo. Menga Ibrohim...
— Dunyoda Ibrohimdan koʻpi bormi?! Qiziq odam ekansiz.
— Allo. Menga...
— Qoʻysangiz-chi! Boshqa ishingiz yoʻq shekilli, singlim.
— Allo...
— Hadeb qoʻngʻiroq qilishaveradi!

Bardoshi tugab, dam sayin yuragi yonayotgan Marvarid telefonni ham, qabulxonani ham qoldirib, yugurganicha koʻchaga chiqdi.

“Xudoyim! Bu yogʻi nima boʻladi?”

Toʻgʻriga qarab yurdi.

Ketdi.

Ketdi.

Nihoyat, yalang-bepoyon bir oʻtloqzorga borib qoldi.

Nazarida, Ibrohim shu atrofda yurgandek edi...

2

Ibrohim hali bu yerga yetib kelmagan edi!

Bu kun u ne savdolarga yoʻliqayotganidan bexabar.

“Eski ogʻaynilar” bilan ba’zan koʻcha-koʻyda, ba’zan ma’raka-toʻyda koʻrishardi. Lekin ming yildan buyon ular bilan bir davrada oʻtirib, osh-qatiq boʻlmagan edi.

Ming yil burun Ibrohim “Iqtisod va siyosat” degan idoraga ishga kirgan, bu yerda Bosh Rahbar bilan tezda uning orasi buzilgan edi.

Bosh Rahbar — Gʻayrat Nusrat ma’lum obroʻga, mavqega ega kishi edi. U onadan tugʻilganiyu ogʻzidagi soʻrgʻichni tashlagan kunlardan boshlab davra toʻrida oʻtirish, xonlar, beklarga oʻxshab odamlar ustidan hukmronlik qilishga, ularni oʻzi istagan tomonga yetaklab, istamagan tomondan qayirib olishga odatlangan edi! Bunday toifa ayvonchali shapka, sariq kitel kiygan rahbarlar toʻgʻrisida goho qoʻrquv aralash holatda fe’li ogʻir, muomalasi dagʻalroq, ammo ishning koʻzini biladi, oʻzi yaxshi odam, deyishadi. Ayrimlar mehrlari toshib, hatto iyib, dinga aloqasiz bir tarzda iymonli odam, deb ham qoʻyishadi. Shuhratparast, mansabparast, dabdaba-as’asaga berilib, oʻzini salkam — nauzambilloh! — xudo deb bilgan bu taxlit fir’avnlarda iymon “noma’qul” qiladimi?! U masjid qursa ham, toʻgʻri doʻzaxga kirib ketaveradi!

Gʻayrat Nusrat, qisqasi, xalq, deb ayyuhannos solgani koʻyda, xalqni oyoq uchida koʻrsatar, idorada, yurgan yoʻlida “Jalabni bolasi, enangni! Zangʻar. Qizitaloq” deb hammani soʻkib ham ketaverardi. Bu yerda odamlar, yoqimli bir soʻzni eshitgandek, qoʻl qovushtirib turaverishardi. Shunga oʻrganib qolishgan edi! Insof yuzasidan aytganda...

Ahyon-ahyonda boʻlsa-da, kimdir majlisda minbarga chiqib, Gʻayrat Nusratni chimchilab qoʻygandek, oz-moz tanqid qilgan paytlar ham uchrar edi. Gʻayrat Nusrat “tanqidchi”ni ertasi kuniyoq huzuriga tutib keltirib, mansabi yoki oyligini koʻtarardi. Tinch yur, oʻzing oʻtirgan shoxga bolta urma, derdi. Tanqid qanchalik odamlarga yoqsa, u shunchalik narxni yuqori belgilardi. Shu boisdan, ahyon-ahyon boʻlsa-da, baqirib-chaqirib majlisni “gullatadigan”lar topilib turardi. (Bir gal qaysidir xizmatchi minbarga chiqib, kim haqda, nima deyayotganini oʻzi ham bilmay, qoʻlini oldinga choʻzgancha “murtadlar” deb hayqirgan edi).

Ammo majlis boʻlmagan odatdagi kunlar hamma oftobda qovjiragan gulga aylanardi.

Birov miq etmaydi.

Odamlar ogʻziga suv olgan.

Talqon solgan.

Allabir xorijiy filьmda boshliq yechin desa shappa yechina boshlagan idora xodimini koʻrsatishgan edi! Bu idorada ham xizmatchilar gʻurur yoki nomus toʻgʻrisida oʻylamaydigan boʻlib ketishgan edi.

Ibrohim oʻyin shartini qabul qilmagan edi.

U Gʻayrat Nusratga qul boʻlishni istamadi.

Na haqoratga chidadi, na himmatga qaradi.

Ibrohim — dushman edi!

Gʻayrat Nusrat Ibrohimni yoʻqotish payiga tushdi.

Undan ayb qidira boshladi.

Qidirgan — topadi!

U xoʻjalar avlodidan, mullaning oʻgʻli ekanligini aniqladi.

Uni ishdan boʻshatib yubordi.

Ibrohim Gʻayrat Nusrat kutganidek boshqa bir idoraga ishga kirmadi. Qaysi idorada ishlasa ham, Gʻayrat Nusratning uzun qoʻli giribonidan tutaverishini his etdi. Buning ustiga “eskilik tarafdori” degan tamgʻa uning manglayiga bosilgan edi. Shahardagi zavodlardan biriga borib, mehnat kishilari orasidan joy oldi. Oliy ma’lumotli ekanligini unutdi. Ziyoli xizmatchidan qora ishchiga aylandi.

U padaringga la’nat, deb Gʻayrat Nusratni unutib ketaversa, shu bilan olam guliston, bu voqea balki tugar, tinchib ketar edi! Biroq...

Ibrohim dardini ichiga yutolmadi.

Ikki kishi qilich koʻtarib maydonga chiqqan;

Ibrohimning qilichi sinib, Gʻayrat Nusrat gʻolib kelgan edi.

U endi Ibrohimning ustidan qah-qah otib kulmoqda edi!

Ibrohim bunga chidayolmadi.

U — yosh yigit edi. Nomusli edi. Gʻururli edi.

Gʻayrat Nusratni yanchib-toptab, shoirlar aytmoqchi “men hali oʻlganim yoʻq!” yoki “tirikman hamon!” deyishga shahdlandi.

Keyinchalik u oʻz ishidan pushaymon boʻldi. Bolalik qildim, ehtirosga berildim, johil bir kimsaga tenglashish shart emasdi, qolaversa, zamon shu bezbetlar, yovuzlar zamoni, deb oʻyladi. Lekin oʻshanda oʻzini toʻxtatib turolmadi. Shoʻro siyosatini koʻnglida koʻp ham qoʻllamagani holda, oʻzi “shoʻrocha” ish qildi.

Ikki-uch kun erinmay mashinka chiqillatdi:

Gʻayrat Nusrat — choʻchqa
Gʻayrat Nusrat — choʻchqa
Gʻayrat Nusrat — choʻchqa...

Keyin bir kuni saharlab tanish idoraga bordi.

Qorovulni gapga solib chalgʻitdi. Koʻcha eshikdan Gʻayrat Nusratning xonasi eshigigacha, zina tutqichidan devorlargacha — hammayoqqa qogʻoz yelimladi.

Idorada oʻsha kuni boʻldi toʻpolon!

Oʻzuvga koʻzi tushmagan zot qolmagan edi.

Gʻayrat Nusrat shu kundan e’tiboran “choʻchqa” laqabini oldi. Bu nom unga yopishdi-qoldi.

U Ibrohimdan intiqom olishi kerak edi.

Ibrohim — dushman edi!

Ammo Gʻayrat Nusrat oʻzini loqayd-beparvo tutdi.

Yengilganiga iqror boʻldimi?

Qolaversa, oddiy ishdagi odamga nima deydi?

Aftidan, ular orasidagi munosabatni eshitgan-eshitmaganga gap tushuntirib, el ichida badtar sharmandai sharmisor, doston boʻlishdan qoʻrqdi ham!

Ular qaytib yuzma-yuz kelishmadi.

Ibrohim Gʻayrat Nusratga uni varanglatib otgani miltiq yetishmayotganini bilardi!

Shunga qaramay, ana, oylar, yillar oʻtib, u roʻy bergan bu voqeani unuta boshlagan edi. Oʻz ishini qilib, oʻz tirikchiligini koʻrib yurar edi. Osoyishtalangan edi! Sovigan edi!

Darvoqe...

Eslashga ham arzimaydigan bir holat:

Oʻtgan yilmidi, oldingi yilmi?!

Ibrohim oʻzi ishlagan zavoddan kechki payt koʻchaga chiqqan edi.

Uzun xiyobon. Besh yuz qadamcha yuriladi. Keyin, bekat.

Avtobusga minib, uyga joʻnaydi.

Uning qarshisida bexos olacha toʻnga oʻrangan yigit qomat tikladi:
— Chilim!

Uning yonida shu payt, daraxtzorda yana ikki yigit koʻrindi. Ibrohim ularga ahamiyat bermay, choʻntagidan tamaki chiqardi.
— Yaxshisidan! — dedi olacha toʻnli yigit.
— Yaxshisiga pul yoʻq. Yetishmaydi! — dedi Ibrohim.

Obbo!

Biqiniga qattiq bir narsa sanchildi. Dumogʻiga qoʻlansa hid urildi.

Kech kirib, endigina chiroqlar yona boshlagan. Lekin koʻchada odam koʻrinmaydi.

Bularning unga nima qasdi bor? Nega uch tomondan uni qurshab turishibdi?

U orqaga qarab qochishini kutishayabdimi yoki “xoʻsh” deb ogʻiz ochishinimi?

Ibrohim lahza ichida qanday boʻlmasin, yoʻlni toʻsganlarning niyati bad ekanligini his etdi va lahza ichida, huv roʻparada, daraxt panasida yana kimdir berkinib turganini payqadi. Bu “kim” deganning qaysidir belgilari tanish, ammo kim ekanini aniq bilib boʻlmayotgan edi! Ibrohim shu asnoda Gʻayrat Nusratni esladi. Bosh Rahbarning shotirlaridan birontasi xizmat qilgisi kelganmikan?

U endi gʻazablandi.

Unga gʻazab kuch bagʻishladi.

Qoʻlidagi tamakini indamay qaytib choʻntagiga soldi. Keyin, koʻcha koʻrgan, koʻchaga xos lisonni bilgan yigit ekanligidan, bezorilarni birinchi navbatda gangitib, sal orqaga chekintirish uchun imkoni boricha qattiq hushtak chaldi.

Shu pallada — xudoning qudrati! — uning oʻzi ham kutmagan bir holda, xiyobonning ikki tomonidan ikki toʻp kishi baland tovushda gapirib, kela boshlashdi. Yoʻlni toʻsgan yigitlar hushtak izidan yopirilgan olomonni koʻrib, nima boʻlayotganiga ham aqllari yetmay, duch kelgan tomonga ura qochishdi. Ajinadek zumda gʻoyib boʻlishdi...

Ibrohim bu holatni ba’zan shunchaki kulib eslardi, xolos.

U — oradan, ana, oylar, yillar oʻtib, yana “eski ogʻaynilar” bilan bir davrada oʻtirishi, qaytib ularga yaqinlashgandek ish tutishining albatta, hech hojati yoʻq edi! Munosabat buni taqozo etmasdi. Davraga uning koʻzi uchayotgan ham emasdi. Sharoit shunday boʻlib qoldi! Ibrohim bosh burolmadi!

Ibrohimning “eski ogʻaynilar”i:

  1. Kabir Hoji
  2. Shodi Tursun
  3. Boʻtavoy Nodir
  4. Akmal Rashid

degan yigitlar edi.

Ibrohim askarlikda yurib, oʻqishga kechroq kirgan edi.

Takdir taqozosi! — unga tengdosh, lekin oʻqishni ana-mana bitiradigan bu yigitlar bilan u ma’lum muddat ijara kulbada birga turgan, oʻshanda qadrdonlik munosabati tugʻilgan, bu munosabat bilim dargohini tugatgandan keyin ham ular oʻrtasida saqlangandek edi. Ibrohimni bir yili “Iqtisod va siyosat” idorasiga ishga joylashtirib qoʻygan ham shu yigitlar edi. U qanday muomalada boʻlmasin, bular doim unga nisbatan oʻzlarini oldindan oʻrtoq, doʻstdek tutishgan, harholda shunga harakat qilishgan edi. Ibrohim Gʻayrat Nusrat bilan yovlashib, nihoyat ishdan ketgach, bu yigitlardan hech kim uni qiynab, undan gap soʻramagan, unga ortiqcha biron narsa ham demagan edi. Koʻcha-koʻymi, ma’raka-toʻyda uchrashib qolganda hamon “eski ogʻaynilar” hol-ahvol soʻrashib, jilmaygancha oʻtib ketishar, faqat koʻp yillik qadrdonlik barobarida, endi orada qandaydir “masofa”ni tutgandek namoyishda yurishar edi. Buni sezgan Ibrohim esa soʻnggi paytlarda bular bilan yaqinlikni orzu ham qilmayotgan edi...

Bu kun ertalab dabdurustdan Shodi bilan Boʻtavoy u ishlagan zavod eshigiga kelib qolishdi.

Ular:
“Sen doʻstlikni bilasanmi? Qanaqa odamsan oʻzi? Odam ham shunaqa yovvoyi boʻladimi?” deyishdi.

Yana ular:
“Kabir Hoji egizak farzand koʻrgan. Oʻzining ham tugʻilgan kuni! Begona odam boʻlmaydi. Yaqin oʻrtoqlar toʻplanyapmiz. Seni alohida aytib, bizni yubordi!” deyishdi.

Yana:
“Kechqurun choyxonaga borasan. Kutamiz... Bormasang, oʻzingga tan! Minba’d kechirasan, deb ketaveramiz!” deyishdi.

Ibrohim faromushlandi.

U:
“Men Gʻayrat Nusratga dushman boʻlishim mumkin! Bu yigitlarda gunoh nima?” deb oʻyladi.

Yana u:
“Dunyoda odamlardan ajralib, qochib yashab boʻladimi? Odamlar orasida tanho! — kulgili... Bu bilan maqtanish bema’nilik, albatta!” deb oʻyladi.

Yana:
“Bular Gʻayrat Nusrat darajasida boʻlmasa hamki, mavqe egallagan, obroʻ-e’tibor qozongan kishilar:

  1. Kabir Hoji — taniqli yozuvchi.
  2. Shodi Tursun — taniqli olim.
  3. Boʻtavoy Nodir — taniqli rejissyor.
  4. Akmal Rashid — taniqli hakam.

Seni birov hurmat qilganida, bosh burish manmanlikka oʻxshab qolmaydimi?” deb oʻyladi.

Ibrohim ezildi.

Noilojlik sezdi.

Va’da berishga majbur boʻldi.

Mana, kechga tomon ishdan chiqib, shahar etagidagi choyxonaga qarab yoʻlga ham tushdi.

Insonni yurak aldamaydi. Aldasa, aql aldaydi.

Uning oʻz xatti-harakatidan yuragi toʻlmayotgan; yoʻlda oyogʻi tortmay borayotgan edi.

Buni u — ogʻaynilaridan begonalashgani oqibati deb tushundi.

Buni u — yotsirash, qisinish, deb tushundi.

Buni u — Marvarid bilan bugun koʻrisholmagani uchun oʻkinch, deb ham tushundi.

Ibrohim oʻzi-oʻzini aldamoqda edi.

* * *

Shahar etagidagi choyxona sharqirab oqan daryo ustida.

Atrof baland-past tepalik. Uzoqdan qishloq uylari koʻzga tashlanadi.

Davra — jami oʻttizga yaqin kishi — allaqachon toʻplangan.

Ayrimlar “qozon boshidayoq” ichib ham olishgan boʻlsa kerak, hali dasturxon tegrasida oʻtirishmaganiga qaramay, koʻpchilik xushchaqchaq edi.

“Eski ogʻaynilar”u ularning ogʻaynilaridan sobiq hamkasblargacha — hamma Ibrohimni mamnun qarshiladi. Kimdir quchoqlashib, kimdir oʻpishib koʻrishdi.

Toʻplanganlar Ibrohimni davrada uchratishganidan koʻzlariga ishonmayotgandek, shoshib qolishgan edi. Ularning oʻzini tutishida har qalay bir oz sarosimalanish ham bor edi.

Nihoyat, uning kelishiga qarab turgandek, odamlar dasturxon yoniga kelishdi. Joy egallashdi.

Ziyofat-zarofat boshlandi.

* * *

Doʻst-oʻrtoqlar birma-bir Kabir Hojini tabriklay boshlashdi. Tezda Ibrohimga ham navbat keldi.

U ham Kabir Hoji (iste’dodli ijodkor, kuyunchak inson!) haqida iliq gaplar aytdi. Mehrini izhor qilishga urindi.

Shu soniyada unga hamma narsa sodda-tabiiy tuyuldi. U, kelganim yaxshi boʻldi, bu joylarning goʻzalligi! Odamlar biri-biriga mehribon, ajoyib davra, degan xayolga bordi.

Biroq negadir uning yuragi chiroq yoqsa yorishmayotgan edi.

Insonni yurak aldamaydi. Aldasa, aql aldaydi.

Oradan biron soat oʻtgach, davradan qandaydir fayz keta boshladi.

Koʻpchilik sarmast, shu bilan birga, boyagi xushchaqchaqlik yoʻqolgan edi.

* * *

Ibrohim — davrada, shunga qaramay, davradan chetlanib bir oʻzi qolgandek holatni tuymoqda edi.

U yonveridagilarning uzuq-yuluq gap-soʻzlariga aralasholmay, men nega bu yerga keldim, deb oʻylayotgan, beixtiyor xayolga botgan edi.

Odatda, yigʻit-qizlar oʻqish, ish joyi, ba’zan koʻcha-koʻy, ba’zan turli teatr, kinoteatr degandek tomoshagohlarda tanishishadi.

Birov ajablanishi, birov tirjayishi mumkin:

Ibrohim Marvarid bilan bu goʻshalar emas...

“Hayvonot bogʻi”da tanishgan edi.

Oʻshanda Marvarid fil aylanib yurgan toʻr-sim ichidagi maydoncha qarshisida — bir xarrak chetida munkayib oʻtirar edi.

Ibrohim adashib-uloqib “Hayvonot bogʻi”ga kirgan, kezib yurib toliqqan edi. Nogoh ular gaplashib qolishdi.

Keyin, uchrasha boshlashdi.

Marvarid “Bolalar uyi”da oʻsgan ekan.

Ota-onasini bilmaydi. Yaqin biron kishisi yoʻq.

Egallagan boshpanasi yoʻq. Topgan mol-mulki yoʻq.

U hozir qaysidir yotoqxonada yashab yurar ekan.

Qanday boʻlmasin, bu qizning (butun dunyoda) Ibrohimdan boʻlak hech kimga kerakligi ham yoʻqdek edi!

Ibrohim endi har qachon Marvarid toʻgʻrisida oʻylaganida, yurak-bagʻri oʻrtanib ketar edi.

* * *
Davrada qiziq kayfiyat...
bu yerda (goʻyoki)
tomosha tugaganmi yoki
hamon boshlanmaganmi edi!
Oradan yana jilla vaqt oʻtgach —
(balki, oldingi tomosha tugab, yangi)
tomosha ham boshlandi.

Ibrohim xuddi shunday boʻlishini yuragida sezgan va (oʻzi-oʻzini aldab) ajabki, bunday boʻlmaydi, deb ishongan edi...

Uning “eski ogʻaynilar”i kutilmaganda Gʻayrat aka kelmoqchi edilar, tutilib qoldilarmi, kelmayaptilar, deb tashvishlanib, notinchlana boshlashdi. Ular aftidan, oshga guruch solmay, Bosh Rahbarning yoʻlini poylashayotgan edi.
— Sizlar boshlayveringlar, majlisim bor, lekin yetib boraman, degan edilar!
— Va’da bergan boʻlsalar, keladilar!
— Kelishlari kerak!

Ibrohim roʻy bergan holatdan qanchalik ezilib, asabiylashmasin, avvaliga oʻzini oʻta osoyishta tutishga urindi. “Gʻayrat Nusrat kelsa, kelipti! Kelmasa, kelmapti! Senga nima?! Koʻnglingga yoqmagan odam bilan (umringda, hech qachon) bir davrada oʻtirmaganmisan? Juda doʻppi tor kelsa, turasan-ketaverasan! Birov boʻyningdan bogʻlab qoʻyibdimi? Yoki, birovdan qoʻrqadigan joying bormi?”

Ammo hammasi hali oldinda edi!

Koʻp oʻtmay...

Kabir Hoji bachkanalik qildi.

Bir chetdagi kattakon qopchiqni ochib, Gʻayrat Nusratning moyboʻyoqda ishlangan rasmini chiqardi. Choyxona ayvoni ustuniga shoshmasdan ilib qoʻydi:
— Gʻayrat akam kelsalar, koʻrib xursand boʻladilar! Yaqinda chizdirgan edim. Sovgʻa qilmoqchi edim...

Ibrohimning ensasi qotdi.

“Bu yigit yoki uning egizaklari tugʻilgan kunga Gʻayrat Nusratning nima aloqasi bor? Xoʻp, bunisi mayli. Gʻayrat Nusrat kim, biron ishni qotirgan dahomi, avliyomi? Hatto oʻshanday boʻlgan taqdirda ham...

Allohdan boshqasiga
sigʻinmagin, deganlar!”

U esladi:
Kabir Hoji talabalik yillari oliygoh rahbarlarining pinjiga suqilib yurardi! Keyin ham kattaroq lavozimdagi kimnidir koʻrsa, hayajonlanib yaqinlik qidirardi. Qanday qilib qoʻyniga kirsam ekan, degandek holat bu yigitning yuz-koʻzida hamisha aks etib turardi... Erinmagan odam! Choyxonaga rasm koʻtarib kelibdi. Butga sigʻingandek ish tutayotganini bilmasmi ekan?

(Allohdan boshqasiga
sigʻinmagin, deganlar...)

Yaqindan buyon tilga olinayotgan shaxsga sigʻinish — faqat birgina shaxsga tegishli emas ekan-da! Ana, oddiy idora. Bunday idoralar ming-minglab. Kabir Hoji singari birov chiqsa, bas. Yurgan yoʻlida gʻayrat-nusratlarni ulugʻlab, oʻzini quldek tutadi, ogʻrinmay-qiynalmay xalqning qoʻl-oyogʻini bogʻlagancha, ularning oldiga tashlaydi!

Kabir Hoji — yozuvchi. Oʻziga yarasha shuhrat topgan.

Balki, iste’dodli hamdir. Safda yuribdi.

Lekin inson dunyoda iste’dodsiz boʻlgandan ham koʻra, iymonsiz boʻlgani yomonroq ekan!

Ibrohim: “Toʻxta! Sen mehmonsan, bu gaplarning hozir senga daxli yoʻq, “koʻzim koʻr, qulogʻim kar” boʻlib, nafas yutib oʻtiravermaysanmi?” deb oʻyladi. Oʻzini u hamon osoyishta tutishga urindi. Biroq boʻlmadi...

Shu asnoda

u —

hozir bu gaplarning

bevosita oʻziga

daxli borligini

payqadi-qoldi.

“Eski ogʻaynilar” unga yuzlanishdi.
— Gʻayrat aka kelsalar, yaxshi boʻlardi, — dedi Shodi Tursun. — Biz bugun, shu davrada sizning masalangizni koʻrmoqchi edik!
— Mening masalamni? — ajablanganicha soʻradi Ibrohim.
— Uncha masala ham emas... Sizni idoraga, ishga qaytarmoqchimiz! — tushuntirish berdi Kabir Hoji.
— Yarash-yarash! — yelkalarini qisib, qoʻllarini ishqadi Boʻtavoy Nodir.
— Gʻayrat aka ana-mana keladilar! — deb ta’kidladi Akmal Rashid.

Ibrohim qisindi.

Bular ilk qarashda xayrixohlik istab, ezgu bir vazifani bajarishayotgandek edi!

Ammo bu davra Kabir Hoji belgilayotgan munosabatlardan koʻproq Gʻayrat Nusratga Ibrohimni roʻpara qilib qoʻyish uchun uyushtirilganga oʻxshar; harholda, shunday taassurot uygʻonmoqda edi. “Eski ogʻaynilar” qabihlik qilishgan edi.

Ibrohim shunisiga ham rozi edi! U, men senlardan ish soʻrabmanmi, deb kulmoqchi edi-ku...
— Gʻayrat aka yaxshi odam. Bagʻrikeng, — deb soʻzni davom ettirdi Kabir Hoji. — Ayniqsa, birovga kek saqlamaydi. Buyogʻini oʻzingiz tushunasiz...

Ibrohimning lablarida tabassum qotdi.

U sergaklandi:

gap bu yoqda ekan!

Bular Gʻayrat Nusrat emas, uning oldida Ibrohimni aybdor deb bilishadi. (“Sen vaqtida telbalik qilgansan! Odobsizlik qilgansan! Gʻayrat aka chizgan chiziqan yurmagansan!”)

Bular Ibrohimni Gʻayrat Nusratga roʻpara qilganda ham, uni oppa-ochiq boʻyin egdirmoqchi! Tiz choʻktirmoqchi!

Bular Ibrohim oʻzlariga oʻxshamaganiga chidasholmaydi!

Oʻzlariga oʻxshatmaguncha tinchishmaydi ham!

(Ibrohim yoki bulardek boʻlishi yoki bularning ham dushmaniga aylanishi kerak!

Uchinchi yoʻl yoʻq!)

Ibrohim shu damda “eski ogʻaynilar”iga:

“Men adashibman. Senlar vaqtida hech narsaga tushunmagan ekansan. Hamon tushunmabsan!” degisi keldi.

Ibrohim yana “eski ogʻaynilar”iga:

“Men adashibman. Senlar — biring yozuvchi, biring olim, biring san’atkor, biring hakam; senlar — ziyoli; lekin... Senlar uchun hayot oʻzgara boshlagani bir pul. Senlar uchun oyogʻi yerdan uzilgan johil bir kimsa aziz. Oʻz manfaatlaring hamma narsadan ustun ekan! Senlar ezgulikni Gʻayrat Nusratga almashibsanlar. U emas, Gʻayrat Nusratning xizmatiga bel bogʻlabsanlar!” degisi keldi.

Ibrohim ularga:

“Men adashibman. Senlar — xalqning hayoti, turmushidan bexabar, atrofda yashayotgan odamlar hol-ahvolini inobatga olmaydigan, uyalmaydigan boʻlib ketibsanlar. Qotib qolibsanlar. Senlar qulsan. Qarolsan!” degisi keldi.

Ammo u parishonlandi, xolos.

Ammo u tilini tishladi.

Gapirganing kumush boʻlsa, gapirmaganing oltin!

Ayniqsa:

Gʻayrat Nusrat hali keladimi, yoʻqmi?

(Bu — uning uchun ham endi ahamiyat kasb etgan edi!)

Kelmasligi ham mumkin...

Sharoitga qarab ish tutish kerak!

Ayniqsa:

Butun davra ularga angrayib tikilgan edi.

Davraning ogʻzi ham, tili ham — shubhasiz, Ibrohimning yoshlikdan “doʻst”lari edi!
— Mayli, oʻylashib koʻramiz! — dedi Ibrohim bosiqlik bilan.

Uning “keyingi yillarda ulgʻayib, odob saqlayotgani” (attang) inobatga oʻtmadi.

Shu damdayoq his etdi:

U osonlikcha jon bermaganidek, bular ham osonlikcha sirtmoqni boʻshatmaydi!

Yoshlikdan “doʻst”lari uni Gʻayrat Nusrat kelguncha “pishitib” qoʻyishmoqchi! Shunga qaror qilingan.
— Buning nimasini oʻylaydi? Aniq gap! — dedi Shodi Tursun ancha keskin.
— Aniq gap... Men oʻz ishimdan, oʻz hayotimdan roziman. Idoraga qaytish niyatim yoʻq. U suvlar oqib ketdi.
— Demak, sizning Gʻayrat Nusratga hech qanday ishingiz ham yoʻq! — faylasufona xulosa chiqardi Akmal Rashid.

Ibrohim indamadi.

Bahsga hojat qolmagandek edi.

Kutilmaganda oʻrnidan sapchib:
— Men tushunmayapman. Siz nega Gʻayrat akani yomon koʻrasiz? Ich-ichingizda nafrat bilan qaraysiz? — sahnadan turib nido qilayotgandek, ovozi titrab Ibrohimni iskanjaga oldi Boʻtavoy Nodir.

Gapirganing kumush boʻlsa, gapirmaganing oltin!

Lekin bu gal Ibrohim oʻzini toʻxtatolmadi:
— Sizlar mendan yuz chandon aqlli, bilimli. Men sizlarga nima deyman?! Birovni odamiy goʻzal xislatlar, koʻzga tashlangan yuksak fazilatlari uchun hurmat qilish, yaxshi koʻrish mumkin. Kuchli iymon-e’tiqodi uchun! Ezgulik istab, shu yoʻlga oʻzini tikkani uchun! Katta bir ishlarni bajarmasa hamki, aqalli odamlarni qiynamagani uchun! Xalqni qiyratmagani uchun... Tirikning choponi, oʻlikning kafanini yechib, dangʻillama uylar qurdirgan, itiga tilla tish qoʻydirgan odamni qanday yaxshi koʻrasan? Insof kerak!
— Umas-bumas, sizlar dushmansizlar, ogʻaynijon, — dedi Kabir Hoji.
— Siz eskilikka mukkasidan ketgan, zamonga qarshi yurgan millatchisiz, buzgʻunchisiz! — tortishuvga yakun yasadi Akmal Rashid.

Oraga uzoq sukunat choʻkdi. Keyin:

“Eski ogʻaynilar” Ibrohimni oʻz holiga qoʻyib, boshqa nimalardir haqida gaplasha boshlashdi. Davra chalgʻigan, Ibrohimga odamlar ahamiyat bermay qoʻygan, uni unutgandek edi.

* * *

Ibrohim oʻrnidan sekin qoʻzgʻalib, —

qoʻl yuvgani choyxona ichkarisiga qarab ketdi.

U hech kim payqamasa, bu yerdan bir yoʻla jilib qolishga qaror qilgan edi. Davradagi holati-ruhiyadan ishning yaxshilik bilan tugallanmasligini Ibrohim endi oshkor sezmoqda edi. Bolalikdagi ikki doʻsti soʻnggi paytda allabir mojaroga aralashib, koʻchada nobud boʻlishganini, ikkisini ham noma’lum kishilar oʻldirib, ariqqa tashlab ketishganini bu kech u bot-bot eslamoqda edi. Oʻz birodarlari bilan ashaddiy dushmanga aylanishni Ibrohim istamasdi ham!

Attang! Bular yoshlikdagi ozgina muqaddaslik, odamiylikni ham yoʻqotib, endi butkul oʻzgarishgan edi!

Bular Ibrohimni “unutishmagan” ekan: ortiqcha qimir etgani qoʻyishmadi! Kimlardir bosgan qadamini oʻlchab, uni poylamoqda edi!

Biroq u choyxonani aylanayotib,

shu asnoda

bir muloqot roʻy berdi.

Odatdagi odmi kiygan, ustiga koʻmir changi urgan choyxonachilarga oʻxshamagan; boshida foʻta, egnida oq yaktak, saqoli, qosh-kipriklari ham oppoq, farishtadek qariya samovar yonida kuymalanar edi.

Ibrohim shunchaki yaqinlashib, salom berdi.
— Sizni oldin koʻrmagan ekanman! — unga tikilib dedi choyxonachi.
— Ming yildan buyon kelmagan edim.
— Haliyam bekor kelibsiz!

Ibrohim ajablandi.

Qariya uning rang-roʻyiga qarab, ahvolini payqadimi? — bilish qiyin edi. Ibrohim hozir bu haqda oʻylamayotgan ham edi. Negadir oʻzi-oʻzidan gapga gap ulanib ketdi.
— Dunyoda bir hikmat bor. Inson, odam bilan hayvon orasida yashaydi! — dedi qariya. — Har kimda oʻziga yarasha yaxshi jihat topiladi. Ogʻaynilaringiz yomon odamlar boʻlmasliklari ham mumkin.
— Ular yomon emas! — tasdiqladi shoshib Ibrohim.
— Lekin ayrim hol, ayrim soatlarda vahshiylik qilishadi.
— Siz ajoyib ekansiz, oqsoqol, — deb jilmaydi Ibrohim.
— Yoʻq, kulmang. Atrof-olamga diqqat qiling... Har bir odam qaysidir jonzotga oʻxshaydi! Birov otga, birov itga. Xudo shundoq yaratgan! Nega biz bilmaymiz! Odam oʻzini tutmasa, bora-bora oʻsha hayvon turqiga kiradi.

Shu payt Ibrohim roʻparadagi ochiq derazadan kechki quyosh nurlariga choʻmgan tepalik tomon qaradi. Ayni yoz kuni paxtalikka oʻranib olgan qandaydir bola besh-oʻnta choʻchqa yetaklab, pastga enmoqda edi. “Bulardan qaysi biri Gʻayrat Nusrat boʻlsa?” ichida kulib oʻyladi Ibrohim.
— Oʻzini tutsa-chi?! — deb soʻradi choyxonachidan.
— Tutsa ham ba’zan kiradi, lekin bu boshqa saboq! — Keyin, qariya suhbatni tugatdi. — Mayli, sizga Xudo yor boʻlsin!

Poyloqchi yigitlar hovlini “shudgor” qilib yurishganidan, Ibrohim noiloj yana davraga qaytdi.

* * *

Bu yerda

u yoʻq paytda

yana bir karra

“muhokama” boʻlgani koʻrinib turardi.

Kelib oʻtirgani zahoti:
— Menga qarang. Bir jumboqni chaqolmayapmiz, — unga murojaat qildi Shodi Tursun. — Demak, ishdan ketganingizda hammayoqqa siz qogʻoz yopishtirgansiz, shundaymi?!
— Men, — dedi osoyishtalik bilan Ibrohim.
— Ana xolos! Biz birovlardan bekorga oʻch olib yuribmiz! — boshini chayqadi Akmal Rashid. — Shu ishni shaxsan oʻzingiz yaxshi deb oʻylaysizmi?
— Yaxshi emas. Yosh bolaga oʻxshagan ish! — boʻyniga oldi Ibrohim.
— Boʻlmasa nega unday qildingiz?! Men tushunmayapman, — boʻgʻildi Boʻtavoy Nodir.
— Bunday qilmaslik kerak edi! Lekin bu bilan baribir, hech narsa oʻzgarmaydi.
— Ya’ni?! — deb soʻradi butun gavdasini dasturxon ustiga tashlagan Kabir Hoji.

Gapirganing kumush boʻlsa, gapirmaganing oltin!

(Ol-a... Xalq bir umr tilini tishlaganidan, tillaga koʻmilib yotibdi!)

Ibrohim javob berishga majbur edi.
— Oʻzingdan yoshi ham, ishi ham katta odamni hurmat qilish kerak! — dedi u. — Faqat yoshi yoki faqat ishi katta odamning ham soʻziga qarash kerak! Hurmatini buzmaslik kerak! Aks holda, hayot izdan chiqadi. Barcha iplar uziladi. Boshboshdoqlik roʻy beradi. Itoatsiz mumkin emas... Lekin farzand ota-onani hurmat qilishi uchun birinchi navbatda, ota-ona oʻzini munosib tutmaydimi? Biz katta-kichik, hammamiz banda. Eng avval, Xudoga itoat qilamiz. (Allohdan boshqasiga sigʻinmagin, deganlar). Bandaning bir-biriga itoati nisbiy! Xoʻp. Dunyoda har kimning oʻz tushunchasi bor. Fikri. Qarashi! His etganing, oʻylaganingni aytmaslik qoʻrqoqlik, munofiqlik emasmi?! Qachongacha uyda boshqa, koʻchada, odamlar orasida, majlis yoki davrada boshqa gapni gapirish kerak? “Boshimga qilich kelsa ham degayman rostin!” — ota-bobolarning bu shiori nahotki, zamonlar oʻtib, yoʻqoldi? Taraqqiyotga erishgan sayin, “maymuniyat” deganidek, nahotki, munosabat niqob taqib, oʻyin koʻrsatishga aylangan boʻlsa? Siyosiy oʻyin! Ijtimoiy oʻyin!

Ommaviy oʻyin... Tabiiylik qani? Xolislik qani? Biz katta xalqmiz. Ammo oramizda shunday odamlar borki, butun hayotni teatrga yaqinlashtirib, oʻzi oʻynab, butun xalqni oʻyinga tortgisi keladi. Ana, siz sigʻingan Gʻayrat Nusrat! Uning buyukligi yolgʻon. Oʻzi biladi! Sizlar ham bilasizlar! U qoʻlidagi qon tomgan qilichi bilan, oʻz sha’ni, oʻz obroʻyini tutib turibdi. Imkon topib yashab qolishni istaydi, xolos! Sizlar unga oshiq-shaydo boʻlsanglar, marhamat! Lekin hammadan buni nega talab qilasizlar? Hamma uning aravasiga minib, ashulasini aytishi shartmi?

Dunyoda

hech kim

birov bilan tortishayotib

“biz yengildik, taqsir!” demaydi.
— Agar sal oldingi davr boʻlsa, men sizni bu fikringiz uchun otib tashlatgan yoki qamoqda chiritgan boʻlardim! — gʻudranib qoʻydi Akmal Rashid.

Bahs hali davom etadigandek edi. Biroq...

Davradagilar choyxonaga asosan,

oʻz mashinalarida kelishgan,

mashinalar yon tomondagi maydonchada tizilgan edi. Yoʻlni changitib, yangi bir mashina kelib toʻxtadi.

Haydovchi kabinadan chiqar-chiqmas, Akmal Rashid oʻrnidan irgʻib turib, unga tomon oshiqdi.

Ibrohim haydovchiga koʻzi tushib, esankirab qoldi: bu — oʻtgan yilmidi, oldingi yilmi? — xiyobonda, daraxt panasida turib uni poylagan yigit edi!

(Ajabo, oʻshanda Akmal Rashid “tashabbus” koʻrsatganmidi yoki uni “chetlab”, haydovchi toʻppa-toʻgʻri Gʻayrat Nusratning irodasi bilan ish tutganmidi? Qanday boʻlmasin, bu odamlar oʻsha paytda ham tinch turishmagan ekan!)

Ammo bunisi hali holva ekan.

Akmal Rashid negadir kabinaga kirib, bir oz oʻtirdi.

Keyin, rangi oqargan, asabiy holatda orqaga qaytdi.

U sal kibrlanganmi, tantanali namoyishdami? — oʻrnini egallab, davradagilarga sovuq, sinchkov tikildi.
— Gʻayrat aka kelmaydigan boʻldilar! — dedi salmoqlab. — Kelolmaydilar! Bugun tushdan keyin Gʻayrat akaga suiqasd uyushtirilibdi.

Davra chayqalib ketdi.
— Nega?
— Qayerda?
— Nima boʻlibdi? Tirikmi?
— Tirik! Lekin keladigan holda emas, — dedi Akmal Rashid. — Mashinaga portlatgich oʻrnatishibdi. Tushlik qilib, uydan chiqqan ekanlar. Yaqinlashgan paytlari portlabdi! Haliyam yaxshi ishlamabdi. Boʻlmasa, kullari koʻkka sovrilardi. Men xabarlashdim... — u bir dam oʻylanib, gapni yakunladi. — Men hozir mirshablarni chaqirtirdim.
— Mirshablar? — davrada koʻpchilik hozir bu yerda mirshabga qanday ehtiyoj borligiga tushunmayotgandek edi.
— Mirshablar, albatta! — dedi Akmal Rashid. U Ibrohimga tomon burildi. — Bu ishni siz qilgansiz, ogʻaynijon! Biz bilganlardan — boshqa kishi qoʻporuvchilik qilmaydi.
— Men? Unga mening nima ishim bor? — ezilib pichirladi Ibrohim.
— Siz bu ishni qilmagan taqdirda ham, men uni sizga yopishtirardim. Lekin hozir butun shubha-gumon sizga tushyapti. Gʻayrat akaning sizdan boʻlak dushmani yoʻq! Siz goh ochiq, goh bekitiqcha unga qarshi kurashgansiz... Bugun sizni bu yerga taklif qilganimizdan keyin, xayolingiz qochib, Gʻayrat aka bilan koʻrishmaslik, buning oldini olish uchun uning mashinasini poylagansiz. Partlatgich oʻrnatgansiz... Siz ishlagan zavodda porox ham, boshqa dorilar ham istagancha topiladi! Bugun tush vaqti boʻlib-boʻlmay, ishdan ketgansiz. Bezovtalanib, qayoqlargadir qoʻngʻiroq qilgansiz. Bizning yigitlarimiz hammasini belgilagan! Qisqasi, aybingiz boʻyningizda, ogʻaynijon! Bugungi siz bilan suhbat ham uni tasdiqlaydi...

Ibrohimning yuragi orqaga tortdi.

Es-hushi boshidan uchdi.

(Gʻayrat Nusrat kelgani ham durust ekan! Odam bolasi haqiqatga tik qaray oladi. Tuhmat yomon! Tuhmati nogahon...)

Ibrohim oʻzini qanchalik oqlashga urinib, dalil keltirmasin, davradagilar gapni eshitmasligi, ishonmasligi — foydasi yoʻqligini his etdi. Dovdirab qoldi...

U falokatga yoʻliqqan, ishning rasvosi chiqqan edi!

Yoʻq. Ibrohim etak silkib, davrani dadil tark etdi.

Yoʻl tomon magʻrur bosdi.

Ketdi. Ildam bora boshladi.

Ammo koʻp oʻtmay...

orqadan butun davra shovqin solib kelayotganini koʻrdi.

Bular yarador qushga erk berib, tipirchilashini tomosha qilgan yovuz mergandek, uni kuzatish uchungina qoʻyib yuborishgan; endi bosib-yanchib qoʻlga kiritishmoqchi! — aftidan, bularning niyati shu edi.

Ish bugun chigal, qaltis tus olib, shu darajaga yetishini kim bilibdi deysiz. Inson nodon boʻlmasa...

Ibrohim yarim oʻgirilib,

orqaga qaradi.

Davraning birinchi safida uning —

“Eski ogʻaynilar”i kelishmoqda edi.

Bunisi mayli.

Ular koʻzlari qonga toʻlib, halloslab yugurishmoqda;

turqi-tarovatlari oʻzgargan edi.

Tasavvurga sigʻmaydigan hol! Tavba:

  1. Kabir Hoji — Kabir Hoji, shu bilan birga tulki
  2. Shodi Tursun — Shodi Tursun, shu bilan birga ayiq
  3. Boʻtavoy Nodir — Boʻtavoy Nodir, shu bilan birga qoplon
  4. Akmal Rashid — Akmal Rashid, shu bilan birga boʻri

edi!

Ibrohim beixtiyor

choyxonadagi farishtadek qariyani esladi.

Qariya aytgan gapga kulgan edi! Endi oʻkindi.

Keyin:

“Inson — gapiruvchi maxluq!” degan gʻalati naql yodiga tushdi.

“Inson ba’zan hayvon qilmaydigan ishni qiladi!” degan gapni ham xayolidan kechirdi.

Yoʻlda — roʻparada uzoqdan mirshablar mashinasi koʻrindi.

Ibrohim ikki oʻrtada qolganini sezdi.

Yana ikki tomon bor.

Bir yon — qirlik. Tezda oʻrab olishadi!

Ikkinchi yon — daryo. Suvning surib, oqizib ketishidan harholda, umidlanish mumkin!

Ibrohim toʻgʻri oʻzini daryoga otdi.

U qirgʻoqdan endi uzoqlashgan edi:

toʻpponchadan qarsillab osmonga oʻq uzildi.

Soʻng:

oʻq Ibrohimning qulogʻi ostida vizilladi.

Ufqqa bosh qoʻyayotgan oftob toʻshagan nurdan — daryo yuzi qonga belangandek edi.

Ibrohim negadir shu soniyada (yana) bolalikdagi ikki doʻsti koʻchada nobud boʻlib ketishganini esladi. Ularning aniq bir gunohi bormidi yoki ular ham tuhmatga qolishganmidi? (Hozirgidek voqea yuz bergan boʻlishi mumkin-ku!)

U goh shoʻngʻib, goh yuzaga qalqib, shiddat bilan suzmoqda edi.

Biroq:

“jodularki, bogʻlar oqar suvni...” —

qaysidir jodu (sehrgar) kishanlab tashlagandek, — sharqirab oqqan suvda Ibrohim bir yerdan uzilolmay, sekin surilmoqda; girdobda oʻralashgan singari holatni tuymoqda edi.

Qirgʻoq boʻylab esa

katta bir toʻda

u bilan yonma-yon yugurib bormoqda;

oldinda ketayotgan qoplon, boʻri, ayiq, tulki izidan — ularga qayoqdandir qoʻshilib olgan — itlar (vovullab), mushuklar (bagʻillab) ergashib kelmoqda;

qirgʻoqni bulutdek chang-toʻzon

qoplagan

edi...

3

Bismillohir Rahmonir Rahim.

... Biz uning (Ibrohim alayhissalomning, haq yoʻlga loyiq ekanligini) bilgan edik. Oʻshanda (Ibrohim) otasi va qavmiga: “Sizlar doimo choʻqinadigan bu haykallar (butlar) nimadir?” deganida; ular aytdilar: “Bizlar ota-bobolarimizni ham ularga sigʻingan holda topganmiz”. U (Ibrohim) dedi: “Darhaqiqat, sizlar ham, ota-bobolaringiz ham ochiq zalolatda ekansizlar!”

... Bas, u (butlar, haykallarni) parcha-parcha qildi.

... Ular: “Bizning xudolarimizni kim bunday qildi? Shubhasiz, u zolim kimsalardandir!” dedilar. Ular(ning ayrimlari) aytishdi: “Xudolarimizni ayblab yuradigan Ibrohim degan bir yigitni eshitgandik”. (Shunda ularning kattalari): “Uni odamlar qoshiga keltiringiz! Ular guvoh boʻlsinlar!” deyishdi.

... (Mushriklar) dedilar: “Uni (Ibrohimni) yoqib yuboringlar! Agar uddalay olsanglar, oʻz xudolaringizga yordam qilinglar!”

... Biz aytdik: “Ey olov, sen Ibrohim uchun salqin va omonlik boʻl!”

... Ular (Ibrohimga) makr qilmoqchi (ya’ni, uni yoqib yubormoqchi) boʻldilar. Biz esa ularning oʻzlarini koʻproq ziyon koʻrguvchi qilib qoʻydik.

* * *

Ibrohim: “Men Yolgʻiz senga sigʻinaman, parvardigorim!” deb xudoga ibodat-iltijo qilmoqda edi.

Qirgʻoqdagi suron hadeganda bosiladigandek emasdi.

Qirgʻoqda yana bir necha bora oʻq qarsilladi.

Vahshiy toʻdada boʻlganlardan har biri — bir Gʻayrat Nusrat edi! Bular qon qoʻmsamoqda edi.

(Kim egri kishining

egridir soyasi ham...)

Ibrohim nihoyat, oʻzini oqimga tashlab qoʻyib, koʻzlarini chirt yumdi.

Ustidagi yengil kiyim ham hozir unga ogʻirlik qilmoqda edi. U bolalikdan suzishni oʻrgangan, lekin hech qachon bu ahvolda suvga tushmagan edi. Shunga qaramay, Ibrohim bu haqda oʻylamayotgan edi. Nazarida, ulkan oʻtin gʻarami hozirlanib oʻt qoʻyilgan va qoʻl-oyogʻini bogʻlab, uni qadimiy tosh otish quroli — bir manjaniqqa solishgancha, olovga otishgan edi. U yorugʻlik, issiqlikni sezmoqda. Ammo alanga-otash unga ta’sir qilmayotgan edi. Ibrohim: “Parvardigorim Oʻzi ahvolimdan ogoh!” deb oʻylab taskin-tasalli topayotgan edi.

* * *

Shu holatda oradan qancha vaqt oʻtdi? — bilmasdi.

Koʻzlarini ochib, ajablandi:

bir muddat ilgari Gʻarbda qizarib botayotgan quyosh

endi Sharqdan qizarib chiqmoqda edi.

Diqqat qilib turib, yana ajablandi:

toʻpolon-suron tingan, atrof-javonib jimjit edi.

Boshini koʻtarib, alanglab, badtar ajablandi:

daryo kelib quyilganmi? — oʻzining dengizda ekanligini sezdi.

Dengiz horgʻin-horgʻin nafas olmoqda edi.

Olisda qorayib turgan nuqtani koʻrib, Yer boʻlsa kerak, deb oʻylaganicha, shu tomon surina boshladi.

Quyosh nayza boʻyi koʻtarilganda, u qirgʻoqqa chiqib oldi.

Bu — yalang-bepoyon bir oʻtloqzor edi.

Lekin oʻtloqzordan ham oldin Ibrohimning —

toʻp boʻlib yurgan fillarga koʻzi tushdi.

Daryo, dengiz uni aftidan, bir yoqlarga itqitib-uloqtirgan edi. Bunga Ibrohim endi ajablanmadi ham.

U bugun (kecha) Marvarid bilan uchrasholmagan, fillar toʻgʻrisida gaplashmagan edi. Shu boisdan, ular toʻgʻrisida oʻylamagan ham edi. Hozir dengiz sohilida turganicha, beixtiyor...

Bir kitobda fillarni “quruqlikda yashovchi sut emizuvchi hayvonlarning eng kattasi” deb yozishgani va “boʻyining uzunligi falon metr, ogʻirligi falon kilo” deb belgilab qoʻyishganini esladi. Oʻsha kitobda qiziq gaplar bor edi. “Agar xartumi boʻlmasa, fil yashay olmasdi. Chunki uning yoʻgʻon va kamharakat boʻyni yerdagi ovqatni egilib ololmasdi!” deyilgan, keyin “fil suvni ham xartumi bilan ichadi!” deb tushuntirilgan edi.

Yana bu kitobda filning kurak tishlari katta ekanligi, shu tishlardan ziynat buyumlari yasalishi-yu, fillar yuz yilgacha yashashi ham aytilgan edi. Boshqa bir kitobdagi jozibali tasvir ham Ibrohimning yodiga tushdi: “Yuragi yorilib oʻlish holati ba’zan fillarda ham uchraydi. Oziqa-em tugab, suv ichadigan quduqlar qurib qolganini koʻrganda, fillar qattiq qaygʻurib, hasrat-nadomat chekadilar. Biroq ular har qanday sharoitda bir-birlariga koʻmaklashadilar. Ularning qaysidir birodari yoʻlda qulab, halok boʻlsa, tirik qolganlar uning suyaklarini koʻtarib, fillar qabristoniga olib borib qoʻyadilar”.

Ibrohim bundan roppa-rosa ming yil muqaddam arab at-Tanuhi oʻz “Gʻaroyibot”larida “fil nihoyatda aqlli jonzot” degani va filni qoʻlga oʻrgatish juda mashaqqatli ekani haqida hikoya qilganini ham esladi. Oʻsha zamonlarda fillar katta qiymatga ega, odamlar har bir filning qadriga yetgan ekan. “Hindistonda yaxshi fil uchun pulni ayashmas ekan. U yerda boʻlganimda, harbga yaroqli filning bahosi — oʻn ming, eng katta, kuchli filning bahosi — yuz ming dinor ekanligini eshitdim” deb yozgandi at-Tanuhi.

Ibrohim gʻamgin kulib, yaqin davr (soʻnggi asr)da yashagan farang Ekzyuperining “Bola poshsho” kitobini ham esladi. Bola filni yutgan ajdar rasmini chizsa, kattalar shlyapa, deb oʻylashibdi...

* * *

U endi “eski ogʻaynilar”idan —

balo-qazodan qutulgan edi.

Shuning uchun hech narsadan tashvishlanmayotgan edi.

Osoyishta edi. Taslim boʻlmaganidan mamnun edi.

Fillardan hayiqmadi. Yotsiramadi.

Buning ustiga, toliqqan edi. Ochiqqan edi.

Toʻgʻri fillar tomon bora boshladi.

Temirdan etik kiygandek, oyoqlari ogʻir edi.

Uning oʻzi ham katta, salobatli boʻlib qolgan edi.

Fillarga qoʻshilib, yaproqlar, koʻkat-sabzavot, yovvoyi oʻsimlik mevalari bilan ozuqlana boshladi.

Shu payt...

bir fil yaqin kelib,

xartumini choʻzdi.

Fil...

unga tanish edi!

“Bu Marvarid emasmikan?” deb oʻyladi Ibrohim.

Keyin...

oʻzining ham xartumi borligini payqadi.

U ham...

xartumini choʻzdi.

Xartumlar bir-birini siypalab,

quchdi.

Fil-Marvaridning koʻzlari jiqqa yosh edi.

Fil-Ibrohimning ham koʻzlari yoshga toʻldi.

(Shu soniyada uning naq roʻparasida

choyxonadagi

farishtadek

qariya

jonlandi.
— Bu boshqa saboq! Sizga xudo yor boʻlsin! — dedi qariya).

Nihoyat...

* * *
Fillar toʻplanib, yoʻlga tushishdi va —
necha ming yillik tarix
qaytarilgandek boʻldi.
Necha ming yil muqaddam esa
bunday voqea
roʻy bergan edi...
* * *

Bir sayyohlar karvoni qaroqchilar, har xil jangari toʻdalardan qochib, dashti-sahroga yuz tutgan edi.

Odamlar qum-toʻzon ichida sargardon kezishadi. Mashaqqat, ochlik, ayniqsa tashnalikdan choʻp-ustixonga aylanishadi.

Ular yoʻlga minib chiqqan fillardan faqat bir jufti tirik qolgan edi.

Yoʻq, shundan keyin koʻz oʻngidagi zulmat chekinib, atrof yorisha boshlaydi. Olisdan tiniq dengiz nafasi keladi.

Sayyohlar dengizga qarab bora boshlashadi. Ammo shu damda payqashadi:

Negadir hammayoqni tuz qoplagan! Oyoq ostida yer oppoq, yurgan paytda oyogʻingga yopishib, parcha-parcha koʻchadi.

Ikki yon tomonda past-baland tepaliklar oynadek yarqiraydi. Yoʻl ustidagi saksovuldan chaqir tikanakkacha — barchasining shox-yaproqlari shishani eslatadi. Tegsang, chirsillab sinadi.

Nihoyat, karvon moviyligi, nafis-nozik goʻzalligi kishini hayratga soladigan buyuk bir dengizga yaqinlashadi.

Dengiz ilk qarashda yarim muzlab, yarim erib yotgandek tuyuladi. Umuman, u havo yonib yotganiga zid holda, muzliklarni eslatadi.

Odamlar hovliqib, biri-biridan qizgʻangandek, urinib-turtinib oldinga tashlanishadi.

Ular fillarni ham suvga tushirishadi.

Biroq koʻp oʻtmay, orqaga qarab qochishadi.

Dengiz — suv emas, erigan tuzdan iborat! Tuz ogʻizni tirnab-yaralab, koʻzni achishtirayotgan edi. Badandagi eski jarohatlardan qon sirqirardi. Sayyohlar qirgʻoqqa chiqqandan soʻng ham, badanlariga ilgakdek yopishgan tuz ularning suyak-suyagini ogʻritmoqda edi.

Ular mana, endi

bu yastanib-oqarib yotgan —

Oʻlik dengiz ekanligini anglashadi.

Bu dengizga daryodan tasodif kelib tushgan baliq lahza ichida jon beradi. Biron narsa suzmaydi. Tuz yuzada tutib turganidan, dengiz ostiga hech narsa choʻkmaydi ham!

Karvondagilar avvalgidan badtar holga tushib, tinka-madorlari qurib, lovullagan oftob ostida, qirgʻoqda, har kim har yerda choʻzilgancha, uyquga ketishadi. Hamma uxlab qoladi.

Suvga tushirilgan bir juft fil — fillar-chi?

Fillar dengizni darhol tark etgisi kelmaydi.

Dunyoda oʻxshashi boʻlmagan bu dengiz goʻyoki azob emas, jon rohati! — mazza qilayotgandek, ular erkin oʻynamoqqa tushadi. Avvaliga ular suvda — tuz eritmasida quloqlarigacha botib turishadi. Keyin, yuzaga qalqib, shodumonlik bilan biri-biriga xartumlaridan suv purkasha boshlashadi. Yuvinib-tozalanib, poklanayotgandek boʻlishadi. Ertasi kuni tong-sohargacha shunday holat davom etadi.

Uyqudan uygʻonib, sayyohlar fillarni qidirishadi.

Lekin qirgʻoqdan topolmay, tez orada gap nimada ekanligini sezishadi.

Ular — dengizda

fillarning biri-birini xartumi bilan quchib,

haykaldek tosh qotgancha, —

tuzga aylanib qolishganini...

koʻrishadi.

4

Ibrohim oʻzini daryoga otdimi?
Dengizga borib yetdimi?
Qum-toʻzon kechdimi?
Suv oʻrniga
tuz yutdimi? —
qanday boʻlmasin,

Nusrat Gʻayrat bilan shotirlari uni tutib yoʻqotish niyatidan qaytishmagan edi.

Buni u yaxshi bilardi.

Uning nazarida, ta’qib davom etmoqda, oʻzi hamon qochib bormoqda.

Shu taxlitda, Ibrohim nihoyat, dengiz boʻyidagi bir shaharchaga yuzlandi.

Bu yerga yetib kelgunicha, u uch-toʻrt kun poyezdda, keyin haybatli kemada yoʻl bosgan edi.

Poyezddagi vagonlar iflos, oddiy choy ham yoʻq. Yoʻldagi bezorilar faqat kechalari emas, kuppa-kunduzi ham odamlarni tunab ketishar, yana oʻchakishgandek, oynalarga tosh otishar edi. Kemada odam koʻp. Sichqonning ini ming tanga. Ibrohim yuqori qavatdagi ochiq, yalang sahnda, dagʻal bir taxta ustida oʻtirib, tunni qush uyqusida oʻtkazdi.

Mana, endi u sohilda badmast kishidek, behol chayqalib turar edi.

Yoz kuni, quyosh ayni tik qadalgan payt.

Sohildagi shahar, shaharchalarda mehmonxonadan munosib joy topish tugul, xarob bir burchakni egallash oʻlimdan qiyin. Buni yoʻldayoq eshitib-bilganidan, Ibrohim odamlarga ergashgancha, shunchaki dengiz yoqalab toʻgʻriga qarab keta boshladi. Kech kirmay turib harholda biron boshpana topish kerak. Begona shahar, koʻchada qolib ketish mumkin.

Bandargoh yaqinidagi maydonchada aksari xotin-xalaj, qandaydir kishilar dasta boʻlib, gʻujgʻon oʻynashardi. Bu yerda toʻplanganlar joysiz mehmonlarga uylarini ijaraga berishar ekan.

Ibrohim qoʻnim topishga koʻnglida umid uygʻonib, maydonchani aylana boshladi. Biroq uning bu holati uzoqqa choʻzilmadi.

Uni hech kim uyiga olib borishni istamas, qanchalik muloyim, hatto yalingudek soʻzlashmasin, birov bilan gapi pishadiganga oʻxshamas edi. Boshqalardek savdolashib, biron talab qoʻyishni-ku, u xayoliga ham keltirmayotgan edi. Barcha uy egalari til biriktirgandek, bizga ayollar yoki oilali kishilarmi boʻlsa, yolgʻiz yigitni qoʻyolmaymiz, toʻrt-beshta oʻsmir boʻlganda ham mayli edi, deyishardi. Aftidan, ular shunga qat’iy qaror qilishgan edi.

Kun issiq, dim. Dengizdan esgan nam havo nafasni boʻgʻadi.

Ibrohim avvalgidan battar lohaslanib, jiqqa terga botgan. Ammo maydonchada birdek charx urmoqda edi.

Axiyri, iymanibmi, odamlardan bir chetda turgan yosh, xushroʻy juvonga uning koʻzi tushdi. Juvonning rang-roʻyida bu davradagi tajang-toʻpori ayollardan farq qilgan odamshavandalikmi-samimiyat barq urardi. Negadir lab juftlab har soʻzga ogʻiz ochganida, bir qizarib olar ekan. Juvon Ibrohimga oʻz uyidan joy berishga qarshi emas, shuning barobarida, allanechuk ikkilanayotgan ham edi.
— Bizning uyimiz yoʻli uzoq, — dedi nihoyat. — Bu yerda koʻpincha dengiz boʻyidan joy tanlashadi.
— Menga buning ahamiyati yoʻq, — dedi Ibrohim.
— Joy ham uncha yaxshi emas.
— Bori. Hozir menga baribir, — dedi Ibrohim. U shu qadar toliqqan ediki, ortiqcha gaplashishga ham holi yetmayotgan edi.

Ular avtobus bekatiga qarab yoʻl olishdi.

Bekatda hadeganda avtobusning qorasi koʻrinmadi. Sabri tugagan Ibrohim yengil mashina tutdi.

Juvonning uyi juda tupkaning tagida ham emas ekan.

Mashina osmonga tirmashayotgandek, qandaydir tepalikka koʻtarilib, yarim soatcha yoʻl bosgach, tor koʻchaga kirib, eski bir eshik oldida toʻxtadi.

Ular hovliga kirishdi.

Hovli — quyuq daraxtzor. Toʻrda kattagina bino. Oldi ayvon. Daraxtlar panasida yaqqol koʻzga tashlangan bu imorat pinjida oldinroq qurilgan yapasqi, koʻrimsiz yana bir uycha.

Ular uch-toʻrt zina pastga tushishdi.

Juvon eshikni ochdi.

Ibrohim juvonning izidan ichkari kirdi.

Yarmi yerga koʻmilgan oynadan gʻira-shira yorugʻlik tushib turar, xona zax, rutubat edi.

Oyoq ostida taxtalar koʻpchigan, koʻkargan, darz ketgan.

Shiftni, devorlarni kimdir qoʻl uchida oqlagan, burchak-burchaklarda tirqish-tuynuklar yamalmay qolavergan. Bu — xona ham emas, odatdagi yertoʻla edi.

Temir karavot. Bir toʻmba va bir kursi. Butun-bor jihoz shu.

Ibrohim mana, endi uy egasining nega bot-bot qizargani-yu, ikkilanganiga tushundi. Lekin ayb juvonda emas, ayb uning oʻzida. Bu joyni u odamning izzat-nafsi ogʻriydigan darajada xarob, deb oʻylamagan, juvon sha’ma qilganiga ham qaramagan edi. Qanaqa boʻlsa-da, boshpana topilayotganiga suyunganidan, qaysarlangan edi.

Uning koʻnglidan kechganini bilgandek, juvon:
— Shu kunlar qoʻlimiz qisqa. Bir oz qiynalib qoldik. Boʻlmasa, uyga odam kiritmasdik, — dedi. Lahza sukut saqlab, qoʻshib qoʻydi. — Qarang. Yoqmasa, boshqa joy izlarsiz.

Ibrohim indamay, kursiga choʻkdi.

Umuman, u ilojsiz edi. Uning choʻntagida joy uchun toʻlaydigan naqd pulning oʻzi ham yoʻq edi. Ibrohim axir, uydan bir chiqqanicha quvgʻinga uchragan kishi edi.

Shoshmasdan qoʻlidagi soatni yechdi.

Qoʻynidan ham eski bir soat oldi.

Barmogʻidan uzukni chiqardi.

Barini toʻmba ustiga qoʻydi.
— Boyligim... Ishga kirgach, qarzim boʻlsa, yana uzarman.

Juvon toʻmba ustidan nima uchundir eski soatni olib, ajablanib tikilgandek boʻldi. Keyin, Ibrohimni ajablantirib, lom-mim demay xonadan tez chiqib ketdi.

Dam oʻtmay, qaytib novcha bir erkak — eri bilan xonaga kirib keldi. Endi eski soatni erkak qoʻlida tutib turardi.

U ostonadayoq bosh silkib, soʻradi:
— Bu kimniki?! Qayerdan olgansiz?
— Dadamniki. Urush paytidagi oʻlja, — dedi Ibrohim. — Dadam ustaga koʻrsatgani menga berib qoʻygan edilar.

Er-xotin ruscha emas, boshqa ajnabiy bir tilda oʻzaro allanarsalarni hayajonlanib gaplasha boshlashdi. Ibrohim holatdan kelib chiqib, til bilmasa hamki, bularning olmon (nemis) ekanligini payqadi.

Tunda, kema sahnida har xil kishilarning gap-soʻzlari Ibrohimning qulogʻiga chalingan edi. Bu shaharchaga dunyoning turli burchaklaridan odamlar asosan dam olgani kelishadi. Shaharchaning tub aholisi, turkiy bir unut qabila yigirma foizni ham tashkil etmaydi. Sakson foiz tarix davomida sargardonlikda suringan millatlar. Arablar, eroniylar (pirsiyonlar), gʻarbliklardan yunonlar, olmonlar. Olmonlar — hammadan koʻp. Bir qismi oʻtmishda kelgan. Yana bir qismi urushdan keyin qolib ketgan asirlar. Odamlar aksari biri-biri bilan rusiy zabonda soʻzlashsa-da, oʻz tili va urf-odatlarini yoʻqotmagan.
— Qayerdansiz?! Ismingiz? — Ibrohimning xayolini boʻldi uy egasi.

Ibrohim oʻzini tanishtirdi.
— Men Gans, xotinim Emma, — dedi uy egasi. — Mening bobom soatsoz boʻlgan. Ana, soatda nasl-nasabi yozib qoʻyilgan. Ancha burun menda shunaqa soat bor edi, oʻgʻirlab ketishgan... Oddiy matoh dunyoni aylanib kelganini qarang! — Gans boshini tebratib, jilmaydi. — Bizga shu yetadi. Bemalol turavering! — u choʻntagidan uch-toʻrtta qogʻoz pul chiqarib, toʻmba ustiga qoʻydi. — Bu hozircha yashash uchun! Qisinmang.

Ibrohim gangib qolgan edi.

Bir kunlar dunyoning yarmini qonga belagan vahshiy toʻda olmonmi yoki bular olmon? Yer bilan osmoncha farq qiladi. Butun gap qayerda, qachon odamning, xalqning qanday ruhda tarbiyalanishi, qaysi yoʻldan borishida (ba’zan borishga mahkum etilishida) ekan-da!

Begona shaharda yaxshi kishilarni uchratgani, ishi oʻng kelgani Ibrohimni suyuntirgan edi. Albatta, yodgorlik-soat unga qadrli, buning ustiga, otasi berib qoʻygan omonat edi. Shuning barobarida, mol azizmi, jon aziz? — odam shart-sharoitga qaraysan. Qolaversa, birovning mulkini egasiga qaytarishdan ezgu ish bormi?

Er-xotin xonani tark etgach, Ibrohim karavotga oʻzini tashladi.

Qotib qolaman, deb oʻylagan edi. Oʻn-oʻn besh daqiqa yota oldi, xolos.

Bir tomonda ota-onasi, ikkinchi tomonda Marvarid uning holidan bexabar, motam qilib oʻtirishgandir? Ularga tirik ekanligi, sogʻ ekanligini tezroq bildirish kerak!

Oʻrnidan dast qoʻzgʻaldi.

Qoʻliga soat, barmogʻiga uzukni qaytib taqdi.

Toʻmba ustidagi pulni ham choʻntagiga soldi.

Allanechuk bardamlik sezib, xonadan chiqdi.

* * *

Avtobus naq eshik oldiga kelib toʻxtadi.

Bekat shu yerda ekan.

Avtobusga minib, yoʻlga tushgach, xayolga choʻmdi.

U Marvarid bilan ikki yildan buyon shunchaki tanishmi-doʻst sifatida koʻrishib turgan, orada munosabat aniq emasligiga qandaydir beparvo qaragan edi. Oʻz navbatida Marvarid ham biron da’vo-talab qoʻymagan, aftidan bunga jur’ati, hattoki botinishga holi yetmagan edi. Oʻzining “Bolalar uyi”da oʻsgani kam, qamab otib tashlangan ota-onaning farzandi ekanligi har kun, har lahza xayolida saqlangan qiz, hamma qatori oila baxtini koʻrishga haqli ekanligini goho oʻylashga ham qoʻrqar edi.

Ular har gal uchrashganda, bir xil “ashula”:
— Qayoqqa boramiz?
— “Hayvonot bogʻi”ga.

Marvarid na kinoga qiziqadi, na teatrga. Bolalik gashtini surmagan-da! — “Hayvonot bogʻi” boʻlsa, bas, yozmi-qishmi, qayta-qayta boraverar edi. Bu yerga kelib, faqat darrandalar emas, oddiygina parrandalarni ham umrida ilk daf’a koʻrayotgandek, hayajonlanib tomosha qilardi.

Ibrohim bir oz aylanib, zerika boshlardi. Dunyoda shu “Hayvonot bogʻi”dan boshqa narsa qurib qolganmi? Hayvonlar bilan ularning nima ishi bor? Bolalik payti uylari “Hayvonot bogʻi” yaqinida boʻlgani yodiga tushardi. Goh yarim tun, goh saharlarda dashti-sahrolar, kengliklar nafasi kelgan notinch, nolon oʻkirik-boʻkiriklar eshitilar, kishining bagʻrini ezar edi. Ibrohim erkidan ayrilgan hayvonlarga achinardi.

Marvarid xarrak chetida oʻtirib, toʻr-sim ichida vazmin yurgan filni tomosha qilishni ayniqsa yoqtirardi. Ibrohimni ham fil qiziqtirardi. Unga fil Hindistonni, Habashistonni eslatardi. Qadim shaharlar, shoh saroylari, odam toʻla koʻchalarni eslatardi. Sharqda va ajabki, Sharq hayotidan Gʻarbda ham sirli, sehrli bir ohangda yozilgan kitoblarni eslatardi... Ibrohim endi Andersen, Perro, Hofman, Shvars va “Ming bir kecha”ning aniq “hidi” ufurgan Vilьgelьm Hauf ertaklarini eslardi. U, balsorlik Ahmad hikoyatini — tasodif oʻz ismi (Ibrohim) ham borligi uchun emas, — Sharqqa cheksiz hurmat, mehr bilan yozilgani uchun! — yaxshi koʻrar, bor-yoʻgʻi yigirma toʻrt yil yashab dunyoda nom qoldirgan olmon adibi qiyofasini tasavvur qilishga urinardi... Marvaridning yonida, xarrakda oʻtirib, bir qoʻshiqdagi: “Qanoatda Saida filcha boʻlurmi, hay-hay” — degan soʻzlar ham Ibrohimning beixtiyor xayolidan kechardi. Buning baridan u ta’sirlanar, lekin baribir, yana zerikardi. Hayvonlar tutqunlikda boʻlgan “bogʻ”ni Ibrohim BOGʻ deb bilmas edi.

Marvarid bilan u koʻchada gaplashib yurgisi kelardi.

Nihoyat, Marvarid unga ergashardi.

Koʻcha kezayotib, yozmi-qishmi, Ibrohim Marvaridni muzqaymoq bilan siylardi. Bolalik gashtini surmagan-da! — muzqaymoq bu qizning joni edi. Shundan boshqa narsani kutmas edi.

Ibrohim oʻz mayli, xohishidan koʻra koʻproq Marvaridning koʻngliga, ra’yiga qarardi. Haftada bir qur uchrashuv qiz uchun bayram ekanligini his etar edi.

Bir kuni...

qish oʻrtasi edi.

Lap-lap qor yogʻardi.

Ibrohim korxonadan chiqib, odatdagidek Marvarid bilan bekatda koʻrishishdan oldin, toza kiyingani uyga birrov kirgan edi.

Ularnikiga Bokira — qarindoshlari kelgan ekan. U ba’zan “chol-kampir”dan xabar olib turardi.

Bu qizni har jihatdan Marvaridning aksi, deyish mumkin.

Hayvonlardan kasal yuqadi, deb umrida “Hayvonot bogʻi”ga bormagan. Uydagi it bilan mushukka ham sal hurkib, ijirgʻanib qaraydi.

Koʻchada, xiyobonda hech qachon qoʻpol-dagʻal xarrak ustiga oʻtirmaydi.

Toʻq-toʻkin oilada oʻsgani butun xatti-harakatida seziladi. Choy ichganida — choy, ovqat yeganida — ovqat undan minnatdor boʻlayotganga oʻxshaydi. Bunday qizlar haqida yigitlar, yegan-ichgani badanidan hovur boʻlib chiqsa kerak, deyishadi. Yomon oʻyga borishdan oʻzlarini tiyishadi.

Bokira bilan Marvarid kiyinishda ham biri-biridan farq qiladi. Marvarid toza-ozoda, lekin aksar eski kiyimda. Tartibga ham koʻp qaramaydi — egni bilan bosh va oyoq kiyimi rangi doim mos kelavermaydi. Bokiraning esa usti ilgakka ilib qoʻyilgandek taassurot uygʻotadi. Boshidagi boʻrk qoshigacha bosilgan — qiyofasidan oʻtmish malikalarning suratini yodga soladi.

Albatta, Bokira “chol-kampir”dan xabar olgani kelib, qoʻlini sovuq suvga urmaydi. Bunga uni qoʻyishmaydi ham! Shunday latifa uchraydi. Bir chol bilan kampir kelinga saboq berishni oʻylab, uy ishlarini kim bajarishi ustida bahslasha boshlashibdi. Shunda kelin: “Toʻxtanglar, — degan ekan. — Talashmanglar! Hamma ishni navbat bilan, bir kun siz, boshqa kuni siz qiling!” Bokira — shunaqa kelin boʻladigan turqi bor.

Darvoqe, kelin...

“Chol-kampir” Bokirani oʻz qizimiz, deyishardi. Ibrohim bilan uning boshini qovushtirib qoʻyish niyatlari yoʻq emasdi. Koʻpdan beri uyda shu gap aylanardi.

Ibrohim hali qat’iy qarorga kelmaganini aytib, faqat ojizgina boʻyin burayotgan edi.

U goh oʻz uylari, goh qarindosh-urugʻ davrasida yoshlikdan Bokirani koʻrib-kuzatib yurganidan, tabiiyki, qizga nisbatan “begonalik” qilmas, bu qizni erkaroq oʻsgani uchun tannoz deb ham bilmas edi. Bokira hozircha mehmon, xolos! Uy bekasiga “aylangach”, ne-ne nozaninlar osmondan yerga tushmaydi. Sharoit taqozo qilsa, “qoʻli kosov, sochi supurgi” boʻlmaydi. Turmushning oʻz yoʻrigʻi bor! Buning ustiga, Bokira, shubhasiz, aqlli, madaniyatli. Shahardagi koshonalarda oʻtgan katta yigʻinlar, anjumanlar, oliy maqomdagi kishilar qatnashadigan tomoshalarga kanda qilmay borib turadi. Kerak boʻlsa, nutq ham irod qiladi. Bir soʻz bilan, Bokira — yangi, zamonaviy shaxs! Marvarid esa — boshiga goh roʻmol tashlab, goh toʻr qalpoq kiyib ham ketaveradigan, deylik, ming yillar qa’ridan kelgan oddiy-joʻn qiyofa!

Ibrohim ota-ona ra’yiga qarashi, ular bilan hisoblashishi kerak. Bokira bilan ham hisoblashishi kerak — “uydagi gap”dan u xabardor, qiz bola, bildirmasa hamki, Ibrohimga koʻngli moyil, koʻnglida shu xonadonni “tanlab” yuribdi. Ibrohimning yoshi oʻttizga borib qolgan, masalani uzil-kesil hal etish payti allaqachon yetgan. Ammo istihola uning yoʻlini toʻsayotgan edi. U Marvaridga “bogʻlanib” qolganini ham ota-onasiga aytolmayotgan edi. “Ostonasi tillodan uy”ga kelin boʻlib tushayotgan qizning nasl-nasabi, qaysi daraxt mevasi ekanligini soʻrab-bilish ota-onaning haqi-huquqi! Musulmonchilikda “ota-onasining tayini ham yoʻq”, “haromi” yoki “valadi zino” degan gap keladi. Ota-onasi noma’lum bolaning (qizning) qayerdan, qanday bunyod boʻlganini bilmaysan. Shu bilan birga, uchragan yetimni, tamgʻa bosgandek ish tutib haqorat qilish insofga kirmaydi. “Yetim qoʻzi asrasang...” qabilidagi aybnomalar-ku, aniq nomard kishilardan chiqqan. Musulmonchilikda yetim-esirlarga shafqat, ular boshini silash — ilk qatorda turadi. “Yetimlar, miskinlar va musofirlar” — bu uch soʻz oyati karimalarda alohida ta’kidlangan! Ibrohim Bokiraning soyasiga koʻrpa toʻshayotgan ota-ona ikki yoʻldan birini tanlab, Marvaridga quchoq ochishlariga koʻzi yetmaydi. Ularning ming xil fatvo-dalil keltirib, isyon koʻtarishlarini his etadi. Shuning uchun u vaqtni choʻzib, ishni paysalga solmoqda edi.

Odatda, qiz bolaning kechki payt uydan chiqishi qiyin.

Lekin yigitga ham oson koʻchavermaydi. Odobni buzmaslik, birovga ozor yetkazmaslikka majbursan.

Oʻsha kuni Ibrohim ota-onasi-yu, mehmon (Bokira)ning koʻnglini olib, koʻchaga sirgʻalib chiqqunicha ma’lum muddat oʻtgan edi.

Yerga qor koʻrpa boʻlib toʻshalgan, hamon boʻralab yogʻayotgan edi.

Tanish bekat boʻm-boʻsh.

Ibrohim uchrashuvga kechikkan edi.

U Marvaridni qidirib, birga yurgan koʻchalarni aylana boshladi va...

beixtiyor “Hayvonot bogʻi” eshigiga borib qoldi.

Uzoqdan qizning qorasini koʻrib, titrab ketdi.

Eshik berk. Ammo Marvarid devor-panjaraga bagʻrini bosib, ichkariga moʻralamoqda.

Ibrohim yaqinlashgach, payqadi:

qizning koʻzlarida bir olam hasrat aks etardi.

Yoʻq! Ibrohim kutganiga zid, Marvarid oʻpkalanmadi.

Shunchaki eshikka imo qilib, shikoyatlandi:
— Darrov berkitib qoʻyishibdi!

Roʻy bergan holatdan ezilgan Ibrohim, buni bildirmay, erkalab:
— Keling. Tomosha oʻrniga bugun ikki hissa muzqaymoq yeymiz. Boʻptimi?! — dedi.
— Boʻpti! — dedi Marvarid mutelik bilan.

Shu kuni Ibrohim, himoyaga muhtoj gʻarib bir qizni himoyasiz, battar gʻariblikda qoldirolmasligini sezdi. U Bokira emas, Marvaridni yoqtirishini ham sezdi. Bexosdan hamma narsa xayolida oydinlashgandek boʻldi. Mavridini topib, ota-onasiga yotigʻi bilan ahvolni tushuntirishga, ularning qalbidagi “muz”ni eritishga qaror qildi.

Biroq Ibrohim bunga ulgurolmadi.

* * *

Avtobusda shaharcha markazi, dengiz boʻyiga kelib, pochtaxonaga kirdi.

Tirikman, sogʻman, deb uyga va Marvaridning yotoqxonasiga telegramma joʻnatdi.

Keyin, batafsil xat ham yozdi.

Nihoyat, koʻnglida bir oz osoyishtalik tuyib, pochtaxonadan chiqdi.

Kech kirgan, havodagi hovur bosilgan.

Shaharchada shugʻullanadigan biron kasbi-kor topishi kerakligini oʻylaganicha, sohil boʻylab shoshmay yura boshladi.

Bir gap sira xayolidan ketmayotgan edi:

“Nafrat — shaytonning mulki!”

U oʻz taqdiri haqida oʻylab, qayerdadir oʻqigan bu gap yodiga tushgandi.

Sohil boʻylab ketayotib, yana esladi:

“Qobil qizni sevardi, lekin Hobilga bermoqchi boʻldilar. Qobil gʻazab-nafratga toʻlib (xusumat jihatidan) birodari Hobilni oʻldirdi.”

Demak, nafrat tarixi eng qadim, Odam Ato davridan boshlangan.

Demak, inson qonida nafrat (muhabbat bilan yonma-yon) avvaldan keladi.

Shuning barobarida, bora-bora dunyoda nafrat “urchib” ketdi.

“Nafrat maktabi” degan tushuncha shakllangan. Shu nomda kitoblar ham bor. Bu — illatga emas, insonga nafrat tarbiyasidan iborat. Aslida, insonga bunday dars berish, insonni bu ruhda tarbiyalash jinoyatga tengdir.

Gʻayrat Nusratu shotirlari ham, hatto bular bilan chiqishmagan Ibrohim ham shu maktabda oʻqishgan. Bu maktab peshtoqiga: “Kimki, bizga qarshi tursa, shartta-shartta otamiz!” deb oppa-ochiq yozib qoʻyilgan. Ammo faqat Ibrohim emas, uning “eski ogʻaynilar”i emas, ancha mavqe egallagan oʻsha Gʻayrat Nusrat ham “adashgan banda”lar, xolos. Katta bir daraxtdan shoxcha, xolos!

Daraxtning oʻzi-chi?

Bir payt (kechagina, Ibrohimning bolalik, ilk yoshlik yillari edi), shunday siyosatchi “dohiy”lar chiqdiki, ular olomonning nodonligidan foydalanib, ilgʻor ziyolilarning millatparvarlik, vatanparvarlik tushunchasini oʻziga niqob qilib oldi. Eng avval, bu qaygʻuli pok hissiyotni ommaviy tusga kiritdi. Keyin, goʻyoki oʻz millati, vatani manfaatini koʻzlab, rivoj topishga “xalal” berayotgan atrofdagi boshqa el-elatlarni buning uchun “aybdor” qila boshladi. Shu yoʻsin, bir odamni ikkinchisiga, bir xalqqni ikkinchi xalqqa qarshi qoʻyib, hammayoqqa adovat urugʻini sepdi. Odamlar qilt etmay jon berishga tayyor johil holatda qoʻliga qurol oldi.

Dunyoning goh u-goh bu chekkasida “niqob” yirtildi.

Jumladan, Olmoniyada vahshiy bir toʻda koʻchaga, maydonga otildi. Sochlari ustarada qirilgan, koʻpchilik yalangbosh edi. Ular har yer-har yerda toʻplanib, baqirib-chaqira boshladilar. Maydonlarda gulxan yoqdilar. Hech kimdan hayiqmay toʻpolon-tartibsizlik qilib, oʻz hukmini oʻtkazishga tushdilar. Yuz-koʻzlarida ularga yoʻliqib shunchaki ogʻiz ochgan kishini yoʻldayoq “ikkiga boʻlib tashlaydigan” bir ifoda muhrlangan edi. Ular “fashist” deb nom oldilar. Dagʻal etiklari bilan oʻt-alafni bosib, toʻrt tomonga bostirib bora boshladilar. Lak-lak tirik jon oʻt-alafdek oyoq ostida qola boshladi.

Ana, hozir ham ba’zan Farangiston, ba’zan Amriqo, hatto Rusiyada, ayniqsa yana Olmoniyada xuddi kechagi vahshiy toʻda qaytib bosh koʻtarishga urinayotgani koʻzga tashlanadi. “Yangi fashist (neofashist)”lar vaqti-vaqti bilan koʻcha, maydonlarga chiqadilar. Ular goh Gitler, goh Stalin suratini qoʻllarida koʻtargan. Kiyimlarida, tutgan bayroqlarida aniq xoch shakli...

Bu gaplarning shu palla Ibrohimga keragi bormi?

Albatta.

Bir tomondan, bu dunyo oldida banda xasdek yoki chumolidek boʻlsa-da, Butun Yerni yelkasida koʻtarib yurgandek holatni sezadi. Kulasizmi, kuyasizmi inson qismati shu!

Ikkinchi tomondan, mohiyatan hayotda sariq chaqachalik ahamiyati yoʻq “qogʻozboz” bir idorada hayot bir maromda davom etayotgan, Gʻayrat Nusrat xayoliga kelgan bema’nilikni qilib quturayotgan, atrofdagilar esa bu bedodlik qarshisida chorasizlik, ojizlik sezib, qulga aylanayotgan edi. Ibrohim jamoaga “singish” oʻrniga barcha odatdagidek “tinch yashashiga xalal” bera boshladi. Muhimi, u itoatdan bosh burdi. Bu dunyoda hech bir eski muqim holat oʻzgarishni istamaydi! Ibrohim faqat boshliq emas, koʻpchilikning noroziligini uygʻotdi. Mana, endi qochganiga qaramay, hamon xatarli holatda yuribdi.

Orada nafrat tugʻilib, favqulodda sharoit yuzaga kelganida, afti-angori binoyidek kishilar fashist (yoki sadist) boʻlishi, gʻisht qolipdan koʻchishi ham mumkin ekan!

Ibrohim hozir yana qanday savdolar chekida borligini bilmaganidek, bundan soʻng hayoti qay yoʻsinda kechishini ham tasavvur qilolmayotgan edi.

Shu kayfiyatda u bandargohga kelib, ovqatlangani bir qahvaxonaga kirdi.

Qahvaxona deyarli boʻm-boʻsh, atigi uch-toʻrt mijoz deraza oldida soʻzlashib oʻtirishardi. Ular Ibrohimga qiziqsinibmi, e’tibor beribmi qarashdi. Lekin bunga u ahamiyat bermadi. Toʻrdagi pastak sahnda sochlari yelkasini qoplagan yoshgina yigit yuzlab, balki minglab odam toʻplangandek, zavqlanib-berilib qoʻshiq kuylamoqda edi. Ibrohim yigitga yuzlangani zahoti negadir, olmon boʻlsa kerak, deb oʻyladi. Va aksar boʻlganidek, beixtiyor sharqona ertaklari bilan nomi tarixda qolgan Valьgelьm Haufni yana esladi.

Ayni damda, oʻzicha iztiroblanib, iltijoli pichirlab ham qoʻydi:
— Xudoning oʻzi madadkor boʻlsin!

* * *

Xudoning oʻzi madadkor boʻlsin...

Oldingi karvon emas, boshqa bir karvon — oradan taxminan ming yil oʻtib, — dashti-sahroga yoʻl olgan edi.

Sayyohlar (savdogarlar, ziyoratchilar) tun boʻyi ildam bosishardi. Kunduzi nihoyatda issiq, havo alangalanib yotar, bir qadam surinish oʻlimdan qiyin. Tunlar aksincha, salqin, charaqlagan yulduzlar ham yoʻl koʻrsatishar edi.

Har kuni oftob koʻtarila boshlashi bilan, ular toʻxtab, chodir tiklashar, bir oz hordiq chiqargach, vaqtni tezroq oʻtkazish uchun koʻrgan-kechirganlaridan suhbat qurishardi.

Yoʻlovchilardan har kim bir hikoya aytishi kerak edi.

Bagʻdodlik Salim Barruh Laylak-xalifa toʻgʻrisidagi hikoyasini tugatgan, balsorlik keksa savdogar Ahmadga navbat yetgan edi.
— Men sizlarga oʻz hayotimdan bir voqeani aytib beraman, — dedi Ahmad. Soʻng shoshmasdan hikoya qila boshladi:
— “Mening otam Balsorda moʻ’jazgina doʻkon ochgan edi. U boy ham, kambagʻal ham emas, oʻrtahol kishilardan edi. Bor mulkini yoʻqotishdan qoʻrqib, oʻzini ortiqcha urintirmas, biron tavakkal ishga qoʻl urmas edi. Meni bolalikdan oʻziga yordamchi qilib olgan, halollik, toʻgʻrilikka oʻrgatgan edi. Vaqti-soati kelib yoshim oʻn sakkizga toʻlganida, otam (aftidan, mening kelajagimni oʻylab) umrida ilk daf’a dadil ish tutdi, dengizga savdo-sotiq uchun chiqayotgan kemaga ming tilla tikdi. U oʻzining bunday jur’atli xatti-harakatidan telbalanib qolgan boʻlsa kerak, oʻsha kunlariyoq joni uzildi. Oradan bir necha hafta oʻtgach, otam (pul tikib) mato yuklatgan kema dengizda gʻarq boʻlganini eshitdim va bu xabar yetib kelishidan oldinroq otamning dunyo bilan vidolashib qoʻyaqolganiga shukr qildim. Men hali yosh, beparvo edim. Gʻam-hasrat meni bukmadi. Otamdan meros bor tanga-tillani belimga tugib, mendan hech ajralishni istamagan sodiq xizmatkorimiz (Ibrohim)ni yonimga olganimcha, oʻz baxtimni izlab olis safarga otlandim.

Biz esayotgan shamolga esh Balsor bandargohidan yoʻlga tushdik. Mingan kemamiz Hindistonga qarab ravona boʻldi.

Dengizda besh-oʻn kun osoyishta yoʻl kechganimizdan keyin, kema dargʻasi kutilmaganda, boʻronga duch kelayotganimizni aytdi.

Dargʻa ancha parishon. U chamasi dengizning ayni shu joydagi sharoiti, balandi-pastini bilmayotgan va boʻronga yuzma-yuz turish uchun qurbi-tajribasi yetmayotgan edi. Uning buyrugʻi bilan yelkanlar tushirilib, kema oqim ixtiyoriga topshirildi.

Tun kirdi. Sovuq. Osmonda esa oy porlar edi.

Ilk qarashda hech narsa ana-mana boʻron boshlanishidan darak bermayotgan, dargʻaning bashorati oqlanmayotgandi.

Xuddi shu palla bizning yonginamizdan oldin yaqin oʻrtada koʻzga tashlanmagan bir kema shiddat bilan oʻtib ketdi.

Biz xavotirlanib turgan boʻron oldidagi dahshatli sukunatda boyagi kema sahnidan kelgan vahshiy va xushchaqchaq qiyqiriqlar, allakimlarning baland tovushini eshitib, nima boʻlayotganiga tushunmay men bahad ajablandim. Men bilan uzuq-yuluq soʻzlashayotgan dargʻaning-ku, kapalagi uchgan, hol-madori qochgan edi. “Bu ajaldan boshqa narsa emas! — deb xitob qildi u. — Kemamni Xudo urdi!” Dargʻa nega bunday deyayotganini endigina soʻrab aniqlamoqchi edim, yonimizga dengizchilar dabdurustdan yoqa yirtib, yugurib kelishdi. “Koʻrdinglarmi?! — nido qilishdi ular jon holatda. — Bizning kunimiz bitdi!”

Dargʻa kemani oʻzi boshqarmoqchi boʻlib, barchadan qur’on oʻqish, ichida kalima keltirishni soʻradi. Lekin bunga ulgurib-ulgurmay, kuchli boʻron qoʻzgʻalib, suv kira boshlagan kema chok-chokidan soʻkildi.

Suvga darhol qayiqlar tushirildi va eng soʻnggi kishi qutulishi asnosida, bizning koʻz oldimizda kemamiz dengiz tubiga choʻkib ketdi.

Men hamma qatori bor bisotimdan mosuvo holda, yalang dengizda qoldim.

Bu bilan ish tugamagan edi.

Boʻron dam sayin quturib-avjiga minib, qayiqni oʻyinga sola boshladi. Men va kelib pinjimga kirgan keksa xizmatkorim (Ibrohim) bir-birimizga yopishib, avvaldan mehrli boʻlsak-da, soʻnggi nafasgacha ajralmaslikka ont ichdik.

Axiyri, tong ota boshladi. Kun qizarib chiqayotganida, qayigʻimizni shamol qanotida koʻtarib bir yoqlarga surib-uloqtirib tashladi. Men tegramizda qayiqlarda boʻlgan hamrohlarimizdan birontasini shundan soʻng qaytib koʻrmadim.

Qayiq bir gal pista poʻchogʻi boʻlib oʻynaganida hushimdan ketgan ekanman, qayiqni ham, meni ham qoʻyvormay balo-qazodan saqlagan keksa xizmatkorim (Ibrohim)ning bagʻrida oʻzimga keldim.

Boʻron tingan edi. Oʻz kemamiz janozasi oʻqilganini koʻzimiz bilan koʻrgan, bu ayon edi, lekin taajjubki, bizning qiyigʻimizdan sal narida bir kema turibdi. Yaqinlashganimizda, uni tanidim, tunda dargʻani vahimaga solib shiddat bilan yonimizdan oʻtib ketgan haligi kema edi. Unga qaraganimdayoq yuragim vahimaga toʻlgan boʻlsa, u yerda biron jon asari sezilmayotganidan, tars yoriladigan holga keldi. Shuning barobarida, uchragan kema bizni qutqarsa qutqarishi mumkin yagona umid dargohi edi va biz yo Muhammad! — deb gʻayratlanishga majbur edik. Shunday qildik ham. Qoʻllarimiz, oyoqlarimizni ishga solib, kemaga intildik va koʻp oʻtmay, uning koʻlankasiga borib qoldik. Men kuchim boricha ovoz berdim, ammo kema tomondan hech bir sas-sado eshitilmadi.

Kemaning burun tarafida uzun arqon osigʻliq edi. Men unga chirmashib, kemaga koʻtarildim.

Yohu! Bu ne hol!? Kema sahniga chiqib olganimda duch kelganimni soʻz bilan ifodalab boʻlmaydi. Butun sahn qonga belangan, turkiy-arabiy libosga oʻrangan yigirma-oʻttiz kishining jasadi uzala-choʻzila yotar edi. Kemaning bosh ustunida bashang kiyingan, qoʻlida tigʻ, rangi oʻchiq, koʻzlari baqraygancha qotgan yana bir odam jasadi. U ustunga peshonasiga qoqilgan katta mix bilan biriktirib qoʻyilgan edi. Oyoqlarim boʻshashib, esxonam chiqib ketdi.

Mendan keyin xizmatkorim (Ibrohim) kemaga koʻtarildi. Tirik bir jon emas, mozoristonni koʻrib, uning ham joni tovoniga tushgandek boʻldi.

Biz duo oʻqib, paygʻambarimiz ruhi poklari qoʻllashini tilab, kemani koʻzdan kechirishga qaror qildik.

Har qadamda yana bir dahshatli hol roʻy bermasmikan, deb orqa-oʻngimizga qarar, oʻzi-oʻzimizdan xavotirlanar edik. Biroq atrofda dengiz sokin chayqalib yotar, kemada ham ogʻir sukunat hukmron edi. Bu jimjitlikda biz tovush chiqarishga ham qoʻrqar edik. Nazarimizda, ustunga mixlangan dargʻa jasadi soʻnik koʻzlari bilan bizni ta’qib qilayotgandek, sahnda yotganlardan kimdir tuyqusdan boshini koʻtaradigandek edi.

Shu holatda pastki qavatga olib tushadigan zina oldiga yetib keldik. Ikkimiz ham toʻxtab, biri-birimizga tikildik. Xayolimizdan oʻtganini tilga koʻchirishga botinmayotgan edik.
— Ulugʻim! — dedi nihoyat sodiq xizmatkorim. — Kemada xunrezlik boʻlgani koʻrinib turibdi. Lekin pastda mabodo qotillar tiqilib yotgan taqdirda ham, men bu yerdagi murdalar bilan uzoq muloqotdan koʻra, oʻshalar bilan uchrashishni afzalroq, deb oʻylayapman.

Men ham ochigʻi, shunday fikrda edim.

Biz oʻzimizni qoʻlga olsak-da, hayajonlanib zinadan pastga tushdik. Bu yerda bizning faqat oyoq tovushimiz eshitilayotgan edi. Xonalardan biri eshigi oldiga keldik. Eshikka qulogʻimni qoʻyib, diqqat qildim — jimjit. Eshikni ochdim.

Xonada hamma narsa — qurol, kiyim-kechak, har xil buyumlar — oyoq ostida, atrofda tartibsiz sochilib yotar edi. Ozgina muddat ilgari dargʻami, yordamchilarimi xonaning changini chiqarib badmastlik qilishgan boʻlsa kerak, hatto dasturxondagi idishlar yigʻishtirilmagandi.

Biz yoʻlakdan-yoʻlakka, xonadan-xonaga oʻta boshladik va yo tavba! — hammayoqda marvarid, ipak, qop-qop shakar, boshqa boyliklar taxtlanib, toʻlib-toshib yotganini koʻrdik. Men yosh, serhayajon boʻlganimdan, kimsasiz qolgan bu kemadagi egasiz butun mulk endi menga buyurar ekan, deb oʻylab xushnudlik sezdim. Lekin keksa Ibrohim hali suyunishga erta, quruqlikdan juda olisda boʻlishimiz mumkinligi-yu, birovning yordamisiz, yolgʻiz holda ish tutish qiyin ekanligini eslatib, badanimni bir oz sovutdi.

Bu yerdagi moʻl-serob noz-ne’matlar, sharbatlardan tanovvul qilib, qornimizni toʻygʻazib, qaytib sahnga chiqdik. Jasadlarga qarab, bizni yana gʻam bosdi. Ularni dengizga tashlab xalos boʻlishga shaxtlandik va shu damda jonimiz halqumimizga kelib tiqildi. Loshlardan birontasini oʻrnidan qimirlatishning iloji yoʻq edi. Ular kema sohniga yopishib qolgan, ostidagi taxta bilan kesim-kesim qoʻporib-koʻchirishga toʻgʻri kelar, bu xatarli va buning uchun bizda yaxshi bir arra-teshaning oʻzi yoʻq edi. Ustundagi dargʻani ham qimirlatolmadik. Hatto uning qoʻlidagi tigʻni tortib olishga kuchimiz yetmadi.

Kunni alam-hasrat bilan oʻtkazib, kech kirganida keksa Ibrohimga uxlab-nafas rostlab olishni buyurganimcha, oʻzim biron yoqdan yordam yetib kelmasmikan, deb kema sahnida navbatchilik qilishga chogʻlandim. Ammo oy chiqib, taxminan tun yarmiga borganida, meni qattiq uyqu bosib, shunchaki bir mundining orqasida choʻkkalagancha, pinakka ketdim. Endi koʻzim ilina boshlagan edi, bexos hushyor tortdim. Zeroki, shu soniyada yelkanlar shamolda shitirlab, kema toʻshiga toʻlqinlar shaloplab urilayotganini aniq eshitdim. Keyin, dabdurustdan qadamlar tovushi, odamlar ovozi ham eshitila boshladi.

Men oʻrnimdan sapchib turmoqchi, atrofga qaramoqchi edim, lekin qandaydir mubham kuch koʻzimni ochishimga ham, qimirlashimga ham yoʻl bermadi. Shovqin-suron esa kuchayib bormoqda edi. Nazarimda, dengizchilar kema sahnida yugurib-elib, baqirib-chaqirgancha, oʻz vazifalarini bajarishmoqda edi. Kimningdir burro tilda ularga buyruq berayotganini ham payqadim. Arqonlar tarang tortilib, barcha yelkanlar ishga tushirilganini ham his etdim. Uyqu domiga tortib, boshim dam sayin ogʻirlashmoqda edi. Biri-biri bilan chaqishgan tigʻlar, shamshirlar jarangi qulogʻimga chalingan bir holatda, nihoyat qotib qoldim. Allaqachon chiqib yoyilgan oftob yuz-koʻzimga tushganida uygʻondim. Oʻrnimdan turib, u yon-bu yonga qaradim. Kema sahnida manzara oʻsha-oʻsha, jasadlar sochilib yotar, ustunga mixlab qoʻyilgan dargʻa ham oʻz oʻrnida edi. Boʻron, tunda eshitilgan suron menga tushdek tuyuldi. Oʻzimcha kulib qoʻyib, Ibrohimni qidira boshladim.

Xizmatkor dargʻaga tegishli xonada faromushlanib oʻtirardi.
— Ulugʻim! — dedi kirib kelganimda, nadomat bilan. — Men bu jinni kemada yana bir kechani oʻtkazgandan koʻra naq dengiz tubida baliqlarga yem boʻlishga ming karra rozi edim! — Undan shikoyat boisini soʻraganimda, bunday javob qildi: — Uch-toʻrt soat uxlaganimdan keyin uygʻonib, boshim ustida tapir-tupur tovushlarni eshitdim. Avvalida siz yuguryapsiz, deb oʻyladim. Lekin qarasam, toʻpillayotgan yigirmatadan oz odam emas, buning ustiga, har xil qiyqiriq-qichqiriqlar ham diqqatimni tortdi. Koʻp oʻtmay, zina tomondan oyoq tovushi baralla eshitila boshladi. Ana shu paytdan boshim gʻuvillab qoldi, xud-bexud uzuq-yuluq bir narsalarni koʻrganga oʻxshayman. Nima chin, nima roʻyo, bilmayman. Haligi ustunga birikkan kishi xuddi mana, bu yerda, dasturxon yonida oʻtirib, may ichib, gʻazalxonlik qildi. Tepada, uning yaqinida yotgan qirmizi nimchali kishi ham kelib, toʻrdan joy olib, u bilan birga may sipqordi! — Keksa xizmatkor menga shularni aytib berdi.

Birodarlar! Yuragim-bechora endi roʻyi-rost qinidan chiqdi, desam gapimga ishonsanglar kerak. Men oʻzi-oʻzimni aldashimga ehtiyoj qolmagandi, murdalar tunda tirilganini koʻrganimga shubhalanish ortiqcha edi. Albatta, bunday jamoa bilan bir kemada sayri-safar qilishning maroqli-gashtli joyi yoʻq edi!

Mening Ibrohimim yana gʻamgin xayolga botdi. Soʻng qoʻqqisdan “esladim!” deb yubordi. U dunyo kezib, dunyo koʻrgan oʻz bobosining shayton vasvasasi va xurujini daf etadigan duoixayrini eslagan ekan. Keksa xizmatkorim yana menga sidqidildan, ixlos bilan Qur’on tilovat qilsak, bu kecha sehr-jodudan qutulishimizga yoʻl ochilishini uqtirdi. Uning taklifi meni suyuntirdi.

Shuning barobarida, biz xavotir ichida kech kirishini kuta boshladik. Dargʻaning xonasi yonida kichik bir boʻlma bor, biz shu yerda berkinadigan boʻldik. Xona ichi koʻrinadigan qilib, shu tomonga kattagina bir necha tuynuk ochdik. Keyin, boʻlma eshigini ichkaridan yopib, mustahkam tambaladik. Ibrohim boʻlma shiftining toʻrt burchiga Rasuli Akramning muborak ismlarini yozib qoʻydi. Shu taxlit biz falokatli tunni qarshilashga shaylandik.

Taxminan yana tun yarmiga borganida, mening koʻzlarim oʻzi-oʻzidan yumila boshladi. Xizmatkorim Qur’on oʻqishimni soʻradi. Oʻqiganim sayin ruhim yorishib, koʻnglim ravshan tortib, sergaklandim.

Shu fursatda tepada jonlanish sezildi. Arqonlar gʻiyqillab, kema surinib, kema sahnidan oyoq tovushlari-yu, har xil ovozlar yetib kela boshladi. Biz bir oz jon hovuchlab turgach, kimdir zinadan pastga tushayotgani sharpasi eshitildi. Shunda, keksa hamrohim oʻz bobosidan oʻrgangan duoi xayrni oʻqishga tushdi:

Osmonlarga uchmaysizmi,
Yer qa’riga tushmaysizmi,
Dengiz tubin quchmaysizmi,
Boʻronlarda koʻchmaysizmi —
Yaratgandan boʻlak kim bor?!
Sizga Yolgʻiz U Madadkor!

Tilovat, ibodat-iltijo — boshqa, duoixayrlar, azoyimxonliklarga men koʻp ishonavermas edim. Shu bois, yonimizdagi xona eshigi ochilganida, tepa sochim tik boʻldi. Xonaga kunduzi ustunga birikkan xushqomat kishi kirdi. Uning peshonasidagi mix olib tashlanmagan, biroq qoʻlidagi tigʻ qinga solinganmi, koʻrinmayotgan edi. Unga ergashib sipo kiyingan yana bir kishi — tepada, uning yaqinida yotgan biri keldi. Xonaga dastlab kirgan dargʻa uzun qora soqol qoʻygan boʻlsa-da, rangi zahil edi. U koʻzlari chaqchayib, har yoqqa alang-jalang nigoh tashladi. Shundoq yonginamizdan oʻtib ketganida, men uni bemalol kuzatdim, u esa biz berkingan boʻlmaga unchalik ahamiyat bermadi. Dargʻa bilan unga ergashgan kishi xona oʻrtasidan joy olishib, biz tushunmagan tilda asabiy, baland tovushda, hatto baqirib gaplasha boshlashdi. Yuqori pardaga koʻtarila borgan ovozlar xona devorlarini titratib, nihoyat dargʻazab dargʻa xontaxtaga mushtini urdi. Biroq uning suhbatdoshi qah-qah otib kulganicha, oʻrnidan turdi va dargʻadan unga ergashishini soʻrab, yuqoriga imo qildi. Dargʻa ham oʻrnidan sapchib, qindan tigʻ chiqardi. Ular izma-iz xonani tark etishdi.

Biz ular gʻoyib boʻlishganidan sal yengil nafas oldik. Ammo bizning notinchligimiz hadeganda tugamadi. Kema sahnida uryon-suron boshlangan edi. Tepadan ancha payt yugur-yugur, hayqiriq, kulgi va dod-faryodlar eshitilib turdi. Axiyri, xuddi kema tars yorilib ketadigan jahannam shovqini koʻtarilib, qilichlar jarangiga aralash hammayoq goʻyo ostin-ustun boʻldi va... birdan qaytib zil-zambil sukunat choʻkdi. Oradan jilla vaqt oʻtib kema sahniga koʻtarilganimizda, hamma narsa avvalgidek — chor atrofga qon sachragan, jasadlar tarasha boʻlib qotgan edi.

Kemada bir necha kunni shu ahvolda oʻtkazdik. Mening hisobim boʻyicha quruqlik (er) Sharq tomonda edi va kema shu yoqqa qarab borar edi. Lekin hamma balo shundaki, kunduzi ancha-muncha masofa bosib, kechalari u keskin orqaga surinib ketganga oʻxshardi. Harholda, oftob chiqqanida biz oʻzimizning eski joyimizda ekanligimizni sezardik — ehtimolki, kema ahli tunda butun yelkanlarni ishga solib, oldingi joyga qaytib kelishga erishardi.

Biz bu dahmazadan qutulish uchun kech kirishi oldidan yelkanlarni bogʻlab, e’tiqod bilan charm oʻramasiga yana Rasuli Akramning muborak ismlarini yozdik va xizmatkorim taklifiga koʻra, bobosi duoi xayrini ham qoʻshib qoʻyib, shu charm bilan barcha yelkanlarni qoplab tashladik. Oʻzimizning boʻlmada bu yogʻi nima boʻlishini intiq kuta boshladik. Oʻsha kecha arvohlar har qachongidan ham yuz chandon jazavaga tushishdi. Lekin ajabo! — ertasi kuni tongda yelkanlar bogʻliq — biz mahkamlagan holda turganini koʻrdik. Va endi kema bir maromda suzishi uchun kunduzlari yelkanlarni yetarli darajda ochadigan boʻldik. Shunday qilib, besh kun ichida ancha ilgariladik.

Oltinchi kuni nihoyat, uzoqdan quruqlik koʻrindi.

Subhi sodiq edi.

Moʻ’jiza roʻy berib, jon saqlaganimiz uchun Alloh va Uning Rasuliga hamdu sanolar aytdik.

Oʻsha kun va oʻsha tun qirgʻoq boʻylab suzdik va yettinchi kuni ertalab qarshimizda shahar qorasiga koʻzimiz tushdi. Mashaqqat bilan langar tashladik, xayriyat u oʻrnashdi. Biz kema sahnidagi qayiqlardan birini suvga tushirdik. Keyin, zoʻr berib eshkak eshib, shahar tomon suzdik. Yarim soatcha vaqt oʻtgach, dengizga kelib tutashgan daryoga yetib olgancha, qirgʻoqa koʻtarildik.

Darvozaxonada bizning qadam qoʻyganimiz hind shaharlaridan biri ekanligini aniqladik. Aslida, bu biz safar qilishni moʻljallagan joydan uncha uzoq emasdi.

Karvonsaroyga borib, gʻurbatli sayohatimizdan keyin oʻzi-oʻzimizni siylab, ziyofat qildik. Shu yerda donishmand, ammo (xizmatkorimning koʻngli toʻlsin uchun) sehr-joduni ham bilgan bir kishini qayerdan, qanday topish mumkinligini saroybondan soʻradim. U meni shahar chetidagi koʻrimsiz bir hovliga boshlab keldi. Eshikni taqillatib ichkariga kirganimda Mulley degan kishini surishtirishim kerakligini aytdi.

Hovlida meni burni uzun, oppoq soqolli kimsa qarshilab, nega kelganimga qiziqsindi. Donishmand Mulleyni qidirayotganimni bildirdim. Mulley uning oʻzi ekan. Men unga kemadagi sharoitni tushuntirib, maslahat soʻradim.

Bu dengizchilar qabih bir qilmishlari uchun dengizda tentirashga mahkum etilgan, dedi u menga. Ularning boshlari yerga tekkani zahoti alahlashlari tugaydi, lekin buning uchun (biz oldin oʻylaganimizdek) ularni yotgan taxtalari bilan qoʻporib yerga olib tushish kerak, dedi yana chol. Keyin, donishmand Xudo oldida ham, insof yuzasidan ham topib olingan kema va butun boyligi menga halol, meniki boʻlishiga haqli ekanligimni tasdiqladi. Faqat, bu gapni hammaga doston qilib yurmasligimni tayinladi. Shundan soʻng, u serob davlatimdan kichik bir ulush sovgʻa qilsam, oʻz qullari bilan borib jasadlarni olib tushishga yordam berishini aytdi. Men unga oʻzi xohlaganicha boylik in’om etishimni aytdim. Va biz arra, bolta koʻtarib olgan beshta qul hamrohligida yoʻlga tushdik. Yoʻlda Mulley, men bilan xizmatkorim (Ibrohim) Qur’onga murojaat qilib, yelkanlarga muqaddas soʻzlarni yozganimizdan ta’sirlanib, zavqlandi. U, biz uchun bu yagona najot yoʻli boʻlganligini ta’kidladi.

Kemaga yetib kelganimizda vaqt peshinga borgan edi. Koʻplashib ishga kirishdik. Hash-pash demay, jasadlardan toʻrttasi kichik bir qayiqqa joylashtirildi. Qullarga ularni olib borib koʻmish topshirilgan edi. Tezda qaytib kelgan qullar jasadlarni dafn etishga ehtiyoj boʻlmagani, yerga qoʻyishgani zahoti ular bir hovuch tuproqqa aylanishganini ma’lum qilishdi. Biz taxtalarni koʻchira boshladik va kechgacha barcha jasadlarni yerga yetkazishga ulgurdik. Birgina bosh ustundagi jasad qolgan edi. Biz mixni taxtadan sugʻurib-ajratib olishga qancha urinmaylik, bu ishdan hech natija chiqmadi. Mix oʻrnidan qilcha ham surilmas edi. Mening boshim qotgandi. Axir, dargʻani yerga olib borish uchun kemani tutib — butun saqlab turgan ustunni kesmaysan-ku!

Bu tashvishdan ham meni Mulley qutqardi. U qullaridan biriga darhol qirgʻoqqa borib, bir idishda tuproq keltirishni buyurdi. Tuproq olib kelingach, sohir-donishmand allanimalarni pichirlab, kufladi. Keyin, tuproqni jasadning boshiga toʻkdi. Dargʻa shu ondayoq koʻzlarini pirpiratib, chuqur nafas oldi va mixni yonlab uning manglayidagi jirohatdan yuziga issiq qon sizib oqa boshladi. Biz endi mixni osonlikcha sugʻurdik. Yarador dargʻa qullardan birining qoʻliga yiqildi.
— Meni kim oʻrnimdan qoʻzgʻadi?! — deb soʻradi u, hushini yigʻib. Menga Mulley ishora qilib qoʻygach, dargʻaga yaqinlashdim. — Ey notanish zot, tashakkur senga. Sen meni koʻp yillik azob-uqubatdan qutqarding, — dedi u. — Ellik yildirki, mening tanim dengizda suzib, bezovta ruhim tunlari unga hamrohdir. Mana endi ruhim tinchib, boshim yerga tegadigan boʻldi. Ota-bobolardan meros soʻnggi makonga bora olaman.

Men undan bu sargardonlik sababini gapirib berishini soʻradim. U yana tilga kirdi:
— Bundan ellik yil burun Jazoirda yashar, davra koʻrgan, erka, bedard edim. Ochkoʻzligim, nafsi badligim meni bir kemani qoʻlga kiritib, shu kemada hukmimni oʻtkazgancha, dengizda qaroqchilik qilib yurishga undadi. Ma’lum muddat shu kasbi-kor bilan shugʻullandim. Kibru havoga toʻlgan paytim edi, Zanta degan joyda puli-moli yoʻq bir darvesh-qalandar kemaga mindi. Kemada ayovsiz-dagʻal jamoa toʻplanganimizdan, qalandarning rutbasi bilan hech kim hisoblashgisi ham kelmadi. Men esa hatto uning ustidan masxara qilib kuladigan boʻldim. U boshda indamadi, oʻzini bosiq tutdi. Soʻng bir kuni koʻpirib ketib, achchiq gapirdi, noloyiq, qabih, gunoh ishga berilganimni mening yuzimga soldi. Oʻsha soniya men ham unga hech narsa demadim. Biroq tunda yordamchim bilan ichib oʻtirib, pirning tanbehi bexos yodimga tushdi va qonim qaynab ketdi. Sultonlar aytishga botinmaydigan malomat gapni menga shu sassiq bir gado aytganiga chidab ketaveramanmi, deb oʻylab, qattiq gʻazablanganimcha, kema sahniga yugurib chiqdim. Uning koʻksiga tigʻ sanchdim. U jon berayotib, meni va barcha sheriklarimni qargʻadi. Boshimiz tuproq iskamagunicha bizga hayot ham, oʻlim ham nasib qilmasligini aytdi. Biz hamon undan kulib, loshini dengizga tashladik. Yohu! Shu tundayoq uning bashorati amalga oshdi. Odamlarimdan bir guruhi menga qarshi isyon koʻtardi. Tarafdorlarim tengsiz olishuvda ulardan yengilishdi va ular meni tutib, ustunga mixlashdi.

Shundan soʻng, hamma biri-birini chavoqlashga tushib, kemada tirik jon qolmadi. Mening ham nafas olishim toʻxtab, jonim chiqqandek edi. Biroq men ham, boshqalar ham karaxtlangan ekanmiz, xolos. Navbatdagi tun kelib, biz darvesh-qalandarni dengizga tashlagan vaqt yetganida, hamma qaytib tirildi. Biz odatdagi hayotni davom ettirayotgandek edik, shuning barobarida, fojiali ayni oʻsha tundagi manzara birdek qaytarila boshlagan, taqdir bizning xatti-harakatimizni kishanlab tashlagan edi. Oy-yillar oʻtib, na tirik, na oʻlik dengizda oqib yurgan edik. Yerga yaqinlashishga umid yoʻq, boʻronga yuzlanib, barcha yelkanlarni ochib, oʻzni har yon otganimiz, suv ostidagi toshlarga urilib parchalanib ketishni kutganimizning ham foydasi yoʻq — dengiz tubiga ham bosh qoʻyolmayotgan edik. Ming shukrki, endi jon taslim qilish mumkin. Minnatdorman sendan, xaloskorim! Sen gʻoyibdan kelib, meni qutqarding. Bu kema, mol-mulk senga omad keltirsin. Buyursin.

Shularni deb, dargʻa boshini egdi. Shu damdayoq joni uzilib, sheriklari singari u ham bir hovuch tuproqqa aylandi. Biz uning xokini bir qutiga solib, boshqalar qatori yerga olib borib topshirdik.

Men shaharda yollagan hunarmandlar kemaning kam-koʻstini tuzatishdi. Kemadagi ortiqcha yukni katta foyda bilan turli matolar, ashyolarga almashtirdim. Qadrdon tanishim Mulleyga mehribonlik koʻrgazdim va nihoyat, yangi kema xizmatchilari topib, oʻz vatanimga yoʻl oldim. Yoʻlda shoshmay har xil mamlakatlardan orollargacha toʻxtab, savdo bilan shugʻullandim. Toʻqqiz oy deganda Balsorga yetib keldim. Yo paygʻambar! Ishim yurishib, baxtiqaro dargʻa qoldirgan naqdina-meros ikki hissa oshgan edi.

Menga buyurgan omad, mening davlatimni koʻrib, vatandoshlarim bu odam mashhur dengizchi Sindbodning gʻordagi oltinlarini qoʻlga kiritgan boʻlsa kerak, deb gumon qilishdi. Men ularni bu fikridan qaytarmadim. Shu paytdan balsorlik oʻn sakkiz yoshga toʻlgan yigitlar baxt izlab, safar qilishga odatlanishdi. Men ularni ham bu shashtidan qaytarolmadim.

Mana, endi osoyishtaroq yashaydigan boʻldim. Lekin har besh yilda bir Makkaga, hajga borib, bizga doim oʻzi madadkor allohimga shukrona aytaman. Rahmli va mehribon allohdan oʻsha kema dargʻasining ham gunohini oʻzi magʻfirat qilishini soʻrayman...”

* * *

Ibrohim qahvaxonada derazaga, deraza orqali moviy dengizga tikilib oʻtirganicha, Haufning ertak-hikoyatini eslab, dunyoga kelib guldek ochilmay soʻlgan bu yigitcha ehtimol, islom dinini rasman qabul qilmagandir, lekin u moʻmin-musulmon edi, boʻlmasa buni shunchalik e’tiqodli ruhda yozolmasdi, deb oʻyladi. Yana oʻsha ertak-hikoyat ta’sirida xayolidan kechirdi: “Har qanday yovuzlik nomusulmonlikdir! Har qanday yovuz xatti-harakat uchun odam javob berishga mustahiq ekanligi barhaq! Balki, men ham bilib-bilmay yovuzlik qilganimdan jazoga tortilayotgandirman? Poko Parvardigoro, Oʻzing magʻfirat qil!”

Toʻrdagi pastak sahnda sochlari yelkasini qoplagan xonanda hamon berilib turli tillarda qoʻshiq kuylamoqda edi.

Deraza yaqinida, yorugʻlikda oʻtirgan yigitlardan biri oʻrnidan turib, kutilmaganda Ibrohimning yoniga keldi:
— Kechirasiz. Siz kim, qayerdansiz?
— Oʻzbekistondan. Oʻzbek, — dedi Ibrohim.
— Sayohatga kelganmidingiz?
— Yoʻq. Sargardonlik, — ochigʻini aytdi Ibrohim.
— Bu yoqqa yuring-chi, — sheriklari oʻtirgan tomon ishora qildi yigit.

Ibrohim yigitlar qoʻshiq tinglab past tovushda suhbat qurayotgan davraga borib qoʻshildi.
— Biz turkiy qabila. Oʻz qavmimizga mansub kishilarga befarq qaramaymiz, — dedi yoshi kattaroq yigit. — Keling, qoʻlni koʻkrakka qoʻyib, samimiy gaplashaylik. Safardan maqsad?
— Men safar qilganim yoʻq. Meni toʻlqinlar shu qirgʻoqqa keltirib tashladi.
— Vatanda ahvolingiz qanday edi?
— Oʻzim-oʻzimga boshogʻriqni “sotib olmaguncha” tinch yurgan edim... Oliy ma’lumotim bor. Harbiy xizmatni ham oʻtaganman. Ma’lum muddat “Iqtisod va siyosat” degan idorada ishladim. Lekin soʻnggi paytlar qora ishchi edim.
— Bandargohda ishlaysiz. Yuk tashuvchi kerak. Bu vaqtincha! Sizni kuzatmoqchimiz! Taklif ma’qul boʻlsa, bizning idoramiz shu yerdan ikki bino narida, ertalab uchraysiz... Istamasangiz, yoʻlingiz ochiq, faqat biling, shaharda ekansiz, shu damdan boshlab baribir, siz bizning koʻzimiz ostidasiz...
— Oʻylab koʻraman, — dedi Ibrohim.

U shaharda ilk daf’a koʻchaga chiqqanidayoq bu yigitlarga yuzlashgani yomonlik nishonasimi yoki yaxshilik alomatimi, bilmayotgan edi. Tirikchilikni amallash kerak, shuning barobarida, hamma narsa mavhum ekanligidan, boshpana singari mana, darrov ish ham topilganiga ortiqcha suyunmayotgan edi. Uning jismi-jonini hali bezovtalik, vahm tark etmagan.

Yigitlar turkiy lisonda, ammo tildan koʻra koʻproq allaqanday “tomoqdan” soʻzlagan edi. Ayrim soʻzlarni Ibrohim shunchaki tusmollagan, shunga qaramay, gapning mazmuniga tushungandi. Uning oʻzbek tilidagi nutqiga yigitlar ham tushunishgani koʻrinib turardi.

Sohil boʻylab bandargohni, langar tashlagan ulkan kemalar, yaqin-olisda suzayotgan qayiqlarni bir oz tomosha qilib yurdi. Koʻcha oxirida topaliklar, ularga tutash — qorli togʻlar yuksalgan edi.

Nihoyat, ijara uyga qaytib keldi.

5

Qachon uxlab qolganini bilmaydi.

Qarasa, roʻparada pastga engan qandaydir uzun zina.

U zinadan tusha boshladi. Oyoq bosgani sayin atrof-olam qorongʻilashib, zim-ziyo boʻlayotgan edi.

Axiyri, tor yoʻlakka oʻxshash bir joy koʻrindi.

Toʻrda katta-vazmin eshik.

Ochdi.

Keng-moʻl xonada birgina sham miltillar edi.

Ibrohim ichkari kirib, toliqqanidan sham oldida choʻkdi.

Shu payt birov uni yelkasidan tutib, qaytib oyoqqa qoʻydi.

Ibrohim qaradi.

Uning qarshisida farishtadek oq kiygan choyxonachi chol turar edi.
— Siz bu yerga qanday kelib qoldingiz? — deb ajablandi Ibrohim.
— Men hamma yerda borman. Men Nuhman!
— Nuh? — badtar ajablandi Ibrohim.
— Dunyoda bir hikmat bor. “Toshqindek falokat yaqin, insonlar, toʻxtanglar, hushyor boʻlinglar, gunohlardan asraninglar, tiyilinglar!” deydigan kishi doim kerak. Vaqti-vaqti bilan shundoq kishilar chiqadi. Ular borliqni gʻaflatdan, yovuzlikdan poklaydi. Bundaylar qachon, qayerda boʻlmasin, ismi Nuh!
— Men tushundim. Yopirilgan balo-qazodan siz meni himoyatingizga oldingiz.
— Himoyat xudodan! — dedi qariya. — Mening vazifam faqat ogohlantirish.
— Ochigʻi, xom sut emgan banda, ogʻaynilarim bilan ish bu darajaga boradi, deb oʻylamagan edim. Nazarimda, ular yomon odam emasdi. Toʻgʻri, ular avvaldan har biri oʻz yoʻlida oʻrtacha iste’dodli, ba’zan iste’dodsiz, lekin chaqqonmi-korchalonmi, halol-haromga qaramay imkoniyat yaratib, yayrab yashashni yoqtirgan yigitlar edi. Biri-biriga halqadek bogʻlanib, atrofdagi odamlar hayoti, taqdirini hal qiluvchi guruhga aylanishgandi. Ulardan qay biriga insoniy yuksak, muqaddas tushunchalar bobida soʻzlasang, koʻzida sovuq bir uchqun chaqnar edi. Ularning ichiqora ekanligi, menga tuzoq qoʻyishi mumkinligini xayolimga keltirmagandim. Mana, endi holim xarob. Uyim kuydi. Qachongacha sarson-sargardon kezaman? Ota-onam, singillarim, ukalarim ahvoli nima kechadi? Marvarid mensiz qanday yashaydi? Bilmayman.
— Sarson-sargardonlik qismat. Sizga osoyishtalik, farogʻat harom. Albatta, haliyam orqaga qaytish, tiz choʻkib tavba qilish imkoni topiladi. Yengish yo yengilish ruhga, ishonch-e’tiqodga bogʻliq. Dunyoda har kim ham sobit boʻlavermaydi. Ammo siz unday qilolmaysiz! U holda siz hozirgidan boshqa qiyofa kasb etasiz. Sharoitga qarab tusini oʻzgartirgan buqalamunga aylanasiz...

Sham nogoh lap etib soʻndi.

Qariya qayoqqadir gʻoyib boʻldi.

Teatr sahnasidagi bezaklar singari xona ham yoʻqolgan edi.

Ibrohimning koʻzi qorongʻiga koʻnika boshladi.

Boshini koʻtarib, yulduzlar charaqlagan osmonni koʻrdi.

U sahroda, naq qum tepaliklari orasida turgandek edi.

Bexos huv baland tepalikda sudralgan bir karvonga koʻzi tushdi.

Ibrohim tuyakashlarga yaqinlashib, e’tibor berdi. Karvon shu qadar boy, shu qadar boyki! Tuyalar ustidagi yopqichlargacha yaltir-yultir, osmondagi yulduzlar yerga duv toʻkilgandek! Bular qayoqdan kelib, qayoqqa ketayapti? Butun mamlakat boyligini bir yoqlarga olib ketayaptimi yoki boshqa yerlardan mamlakatga boylik olib kelayaptimi?

Ibrohim karvonboshiga yuzlanib, qoʻlini koʻksiga qoʻyganicha, sipolik bilan soʻradi:
— Birodar, yoʻl boʻlsin?

Karvonboshi unga takilib beozor jilmaydi:
— “Hojatingni elga arz etmakka hojat boʻlmasun”.
— She’r oʻqishingizdan, demak, bu bizning sharqona karvon ekan-da! — Ibrohim shunday deb razm solsa, karvonboshi begona emas, oʻz ukasi Ismoil. — I-e! Sen bu yerda nima qilib yuribsan?
— Sizni qidirayotgan edim. Uydan ketganingizga necha oy, necha yil boʻlganini bilasizmi, aka? Chol-kampir dunyoni tark etishdi. Singillar, ukalaringizdan ham bir men qolganman...
— Oʻningdagilar-chi? Begonami?
— Ham begona, ham oshno... Bular hammasi butparast!
— Buddaga sigʻinishadimi? — deb qiziqsindi Ibrohim.
— Buddaga sigʻinsa, goʻrga edi. Qadim dunyo tarixida ham yagona Tangrini hech kim inkor etmagan! Bularning umuman dini yoʻq, kofirlar. Lekin butparast. Turli rasmlar, haykallarga sigʻinishadi. Qabristonlarida xuddi tirik odam qoʻr toʻkib oʻtirgandek, haykallar oʻrnatishadi.
— Dunyoda kim tushunib-tushunmasin, islom soʻnggi, komil din! Biz mulla Abdurahmon Xoʻjaning bolasimiz. Shunday ekan, sen nega bularga qoʻshilib yuribsan? Yana “oshno” deysan!
— Iloj qancha! — dedi Ismoil. — Hayot shunday shaklga kirib qoldi. Men bular bilan bir yoʻldan borishga majburman.
— Menga qara! Meni oilamizning ahvoli qiziqtiradi. Nahotki, butun boshli oiladan birgina sen qolgan boʻlsang?
— Qiziq gapirasiz, aka. Goʻyoki bunga men aybdordek! Eslasangiz, Qulijon misgar degan otamning qadrdonlari bor edi. Oʻn sakkizta boladan uyida uchtasi yashab, qolgani qirilgan, yoʻqolgan, xastalangan. Dunyoda har kuni ming-minglab kishi nobud boʻladi. Ayniqsa, himoyasiz bolalar. Norasidalar! Xastaliklar, falokatlardan tashqari, isyonlar, bosqinlar, oddiygina ochlik, yununlik, muhtojlik...
— Bokira degan qiz boʻlar edi? — deya mavzuni oʻzgartirdi Ibrohim.
— Bokira masalasi sal murakkab... Otam bilan onam yillab sizni qidirib, yillab eshik poylagandan keyin, sizga aza ochgan edilar. Ular Bokirani yaxshi koʻrishardi. Nima desam ekan... Qisqasi, meni uylantirishdi. Uzr, albatta.
— Bolalaring ham bormi?
— Ikki qiz, ikki oʻgʻlimiz bor. Mavluda va Mavjuda, Hasan va Husan.
— Yaxshi. Bizning tashkilot qaysi holda?
— Eshitishimcha, Gʻayrat Nusrat ketgan. Hozir uning oʻrnida tashkilotni Nusrat Gʻayrat degan kishi boshqaryapti.
— Mening eski ogʻaynilarim-chi?
— Yurishibdi. Ular endi yangi boshliqning shotiri. Lekin oʻsha, vaqtidayoq sizga qarshi hukmnoma yozilgan. Sizni kechirishmaydi.
— Sen Marvaridni bilarmiding?
— Men bilganim, bu qizning uch-toʻrt yoshida ota-onasini qamab otib tashlashgan. U allabir xolasimi, ammasi qoʻlida qolgan. Keyin, nochorlikda yetimxonaga berishgan. Hozir qayerda, qanday yuribdi, aytolmayman.

Karvon rivoyatlar, afsonalardagi kabi nihoyat, yoʻlga tushdi.

Yengil tun shamolida qum dengiz mavjlaridek chayqalmoqda edi.

Bu — tushmi, xayolmi, tasavvurmi?

Ibrohim yelkalari dir-dir titrab, qumga choʻkkanicha, kaftlarini koʻzlariga bosdi.

* * *

Dengiz boʻyidagi shaharcha koʻrkam.

Bu yerda qishin-yozin havo moʻ’tadil.

Uylar “tepalikka qarab oʻsib” borganidan, hammayoqdan dengiz yalang koʻrinadi.

Yoʻllar chetida azim chinorlar.

Bogʻlar. Favvoralar. Buloqlar.

Aholi zich, buning ustiga bu yer karvonsaroy qabilida boʻlganidan, koʻchalar ari uyasi. Ba’zan surinmay-turtinmay yurish amrimahol.

Har qadamda magazinlar, doʻkonlar. Koʻcha betlarida ham anqoning urugʻidan boʻlak narsa sotiladi.

Turfa rangin binolar. Tomoshaxonalar. “Eng bema’ni” tomoshaxona eshigida ham odam tirband.

Qirgʻoqning choʻmilishga moʻljallangan joylarida ham odam gʻujgʻon oʻynaydi. Erkak-ayol, hatto oyogʻi chiqmagan bolalargacha yarim yalangʻoch aralash-quralash, biri-birining pinjiga suqilib, choʻzilib yotishadi.

Ibrohim talotumni xush koʻrmay ishdan boʻsh paytlarida koʻpincha koʻcha oxiridagi tepaliklar tomon yoʻl olar, bu yerda atrof jimjit, sohil tinch edi. Birinchi kundayoq bu yerni u “kashf etgan”, “oʻziniki”ga “aylantirgan”.

Mana, endi bot-bot shu yerga kelar, katta, bujur bir tosh ustida soatlab cheksiz, haybatli dengizga tikilganicha, xayol surib oʻtirar edi.

Uning bobolari aslida qadim-buyuk, yodgorliklarga boy Buxoroi sharifdan. Abdurahmon Xoʻja (qaysidir karvonga ilashib) Toshkentga kelgan, bu yerda Shamsiya bonu degan qizga uylanib, qoʻnim topgan edi. Ibrohim ota-bobolari oʻtgan joylarni yaxshi bilardi, otasi bilan, goh-goh boʻlsa-da, sayri-sayohat qilgandi. Ota va ona endi shu yerlik — toshkentlikka aylanishgandi.

Ibrohim ukasi Ismoildan toʻrt-besh xat olgach, orada “uzilish” roʻy berdi, Ismoil aftidan bir payt otasi (Abdurahmon Xoʻja) tark etgan Buxoroi sharifga qaytib koʻchib ketgan edi. Qisqasi, Ibrohim “yurt bilan aloqa”ni uza boshlagandi.

Marvarid uning xatlariga javob yozib turardi (ammo u Ibrohimning oilasi bilan tanish ham boʻlmaganidan, ularning ahvolidan bexabar edi). Nihoyat, kutilmaganda qiz telegramma berdi: “Istasangiz, yoningizga borish, siz uchun jonimni qurbon qilishga tayyorman”.

Ibrohim, kel, jonim, deb javob telegrammasi yubordi.

“Barayapman” deb ogohlantirdi Marvarid.

Ibrohim begona yerda aksar zerikar, oʻz yurti, oʻz “odamlari”ni sogʻinardi. Ayniqsa, Marvarid! U Marvaridni sevganiga endi-endi zigʻircha ham shubhalanmay qoʻygandi.

U “belgilangan kun”da mashina yollab, aeroport tomon jildi. Biroq mashina yoʻlda har xil sabablar bilan bir oz tutilib, Ibrohim aeroportga sal kechikib keldi.

Ammo gap bunda emas.

U aeroport zalida biri koʻksini changallab yigʻlayotgan, biri telbalarcha ayyuhannos solayotgan kishilarni koʻrdi. Oʻziga “kerakli reys” haqida surishtirgach, boshidan hushi uchdi.

Samolyot shaharchaga qoʻnish oldidan dengiz ustida bir qur charx uradi. Ayni shu damda Dengiz bilan Osmon “birlashib” ketgandek taassurot uygʻonadi.

Qanday boʻlmasin, shaharchaga uchib kelayotgan samolyot Osmon bilan Dengiz orasidagi tafovutni yoʻqotib, toʻppa-toʻgʻri Dengiz Tubiga “oʻqdek” sanchilib kirib ketgan edi.

Aeroportda kimdir roʻy bergan halokatni “texnik sabablar”ga yoʻyar, birov uchuvchini ayblar, boshqasi “ob-havo”dan oʻpkalanardi (hech kim shaharchaga dam olgani “oʻzimiz”ning Nusrat Gʻayrat — oldingi Gʻayrat Nusrat emas! — uchib kelayotganida “osmon boʻshatib qoʻyilgani”ni tasavvur ham qilmas edi).

Bir yuz ellik toʻrtinchi samolyotda uchgan bir yuz ellik toʻrt kishi Dengiz tubiga choʻkib halok boʻlgan edi.

Ibrohim halokat toʻgʻrisidagi ortiqcha tafsilotlarga berilmay, shaharcha markaziga qaytib keldi.

Albatta, halokatga uchraganlarning barcha yaqinlari yonida oh-uh tortib, koʻzyosh toʻkib yarim kun-bir kun aeroportda turishi, ma’muriyatning ogʻzini poylab endi nima gap chiqishini kutishi mumkin edi. Biroq toqat qilolmadi. Yuragi tars yoriladigandek holatni sezdi. Ezmalanishga hojat yoʻq, shusiz ham roʻy bergan fojea ayon edi.

Mana, endi Ibrohim yetim holatiga tushgan edi.

Boʻsh qoldimi, oʻzi “kashf etgan” sohilga kelib katta, bujur toshga oʻrnashar, dengizga tikilganicha, koʻzlaridan vijir-vijir yosh oqardi. U Marvaridni qanchalik yaxshi koʻrishini ilk bora teran his etmoqda edi.

Murgʻak-norasida paytidayoq ota-onasidan ayrilgan, qarovsiz qolgan, ulgʻaya boshlagach ham muhtojlik, och-yupunlik, himoyasizlik mashaqqatidan boshi chiqmagan shoʻrlik Marvaridga oddiy-odamiy nasiba — goʻri-kafan ham buyurmagan edi. Dengiz bu kun Marvarid va unga oʻxshaganlarning qabristoni! Dengiz bu jihatdan sahroni eslatadi. Odatda, sahro qa’rida yoʻqolgan kishilar ham hayvon-hasharotlarga yem boʻlib, biron gunohlari boʻlganidan emas, taqdir ayovsizligidan, dunyodan goʻri-kafansiz ketadilar!

Shu kunlar samolyot halokati sababidanmi, boshqa bir boisi bormi, har qalay dengizga gʻavvoslar koʻp tushishayotgan edi. Ular singari, ularga ergashib Ibrohim ham endi necha bora dengizga tushdi, suv ostiga shoʻngʻishga urindi. Jilla qursa, Marvaridning “qabri”ni ziyorat qilmoqchi edi.

Dengiz tubi qop-qorongʻi. Barqutdek.
Biroq unda turli nur bor. Zar, oʻtdek.
Qizgʻish-yashil. Gunafsharang. Koʻk-sariq.
Baliqlarning “mash’al”lari koʻp yorugʻ...

Ibrohimga dengiz — “eski tanish”. Hali uncha vaqt oʻtgani, unutgani yoʻq, u devordek suringan toʻlqinlar bilan, oʻlim bilan olishgan. Dengiz osti qanday ekanligini bilar edi. Lekin qirgʻoqqa yaqin, odam suzadigan joyda dengiz osti togʻ etagimi-yon bagʻrigami oʻxshar, faqat uyum-uyum toshlar, epkindek vaznsiz giyohlar koʻzga tashlanardi.Bu hali chinakam dengiz tubi emasdi.

Dengiz tubi qop-qorongʻi. Barqutdek.
Biroq unda turli nur bor. Zar, oʻtdek.
Oʻritadi “uch yulduzli” qarmoqchi —
U nur sari har baliqcha bormoqchi...

Oʻnlab katta-kichik qayiqda erta sahardan dengizga chiqqan baliqchilar yoki dengiz ostidan chigʻanoq terib bozorda bezab sotgan havaskor gʻavvoslar dengizni qanchalik “oʻrganishgan”? Aytish qiyin. Harholda, Ibrohim oldin duch kelgan va endi yana koʻrayotgan manzara odamlardan eshitib yurgan hikoyalardan farq qilar edi.

Sal balandda qalqib-qalqib jim suzar —
Nozik shohi parashyutdek meduza.
Qimirlaydi goʻzal “dengiz yulduzi”,
Qizgʻish-sargʻish tusda ekan u oʻzi.
Ham yashil rang nur toʻkarkan har yonga.
Bu yer kondir qisqichbaqa, marjonga...

Umrida qum tepaliklarini oralagan kishi sahroning “oʻlik” emas, tirik bir rangin vujud ekanligini his etadi. Sahro bepoyon boʻlgani uchunmi, uni osmonga ham mengzaydilar.

Ibrohim har gal dengizga shoʻngʻigani sayin shu — sahrodagi kabi holatni tuyar edi.

Dengiz tubi seryulduzli osmondek,
Baliq yuzsa, xuddi yulduz uchgandek.
Ham yasharkan bunda jayhun — akula,
Xullas, bu joy, tariklikka boy, toʻla...

Tiriklikka boy, toʻla! Shu bilan birga, qancha kemalar, samolyotlar, odamlar uchun qabriston!

Oʻzini tuproq deb bilish, tuproqqa ehtiyotkor munosabat quruqlikka xos. Dengizlar, ummonlarda-chi?

Ibrohim nega dunyoda har kuni ming-minglab kishilar benom-benishon yoʻqolayotgani, asosan, insoniyat oʻzi-oʻzini nega azaldan to bu kun qirib tashlayotganiga tushunolmas edi.

U hayotida (yuragida) hamon bezovtalik, vahm borligidan, orqaga dadil qaytolmagan, oʻzi Marvaridning yoniga borolmagan edi. Marvarid uning yoniga kelishiga izn bergan edi. Endi sevgan qizi qarshisida oʻzini aybdor sezayotgan edi. Qizda topilgan jur’at, jonfidolik unda yetishmaganidan iztirob chekayotgan edi.

Ibrohim yer bilan yakson holatda edi.

Lekin insoniyatning ezgulik istagan, bu yoʻlga kirgan farzandlaridan qay biriga hayotda oson kechgan?

Biri dorda, biri badargʻa...

Chidash kerak.

* * *

Bir kuni odaticha “oʻziniki”ga “aylangan” sohilga borib, har galgidek dengizga tikilib oʻtirgan edi.

Olis bir nuqtadagi kema xuddi oq imorat — u qaysi tomon surinib borayotganini bilib boʻlmas edi. Undan ham olisda parda tortib turgan pushtirang bulut esa qirgʻoqdagi togʻ tizmalarini eslatar, goʻyo tik boraversangiz, chindan yana togʻlarga yoʻliqadigandek taassurot uygʻonardi.

Dengizda kema-yu, shu bulutdan boʻlak narsa yoʻq.

Suv oftob nurlariga qorishib oynadek yaltirar, toʻlqinlar shaloplagancha, sohildagi toshlarga ohista bosh urardi.

Nihoyat, kema bulut bagʻriga singib ketgandek boʻldi. Lekin shu asnoda siyoh toʻkilgandek, bulut etagida nimadir qorayib koʻrindi.

Nuqta dam sayin kattarib borganicha, aniq shakli-shamoyilga kira boshladi. Qayiq!

Dengiz boʻyida yashagan baliqchilar ba’zan kech tun, ba’zan tong-saharda dengizga chiqib uzoq-uzoqlarga ketib qolishlariyu kun yeyilganida qirgʻoqqa qaytishlarini Ibrohim bilardi. Bu qayiq ham baliqchilarniki boʻlsa kerak, deb oʻyladi.

Ammo qayiq yaqinlasha-yaqinlasha uning roʻparasiga kelib toʻxtadi. Qayiqdan u kutganidek keksami-yosh horgʻin baliqchilar emas, allanechuk mamnun, baxtiyor — kelishgan kishi va nihoyatda koʻhli juvon tushib, u yon-bu yon koʻz tashlashdi. Odamlar biri-biriga asosan begona deb qaraydigan shaharchada salomlashib gaplashishga har kimda maylu ragʻbat topilavermaydi. Boyagilar esa Ibrohimni payqab jilmaygancha salomlashishdi. Sizga xalal bermaymizmi, deb ham soʻrashdi. Keyin, qayiq burnidagi arqonni yarmi suvga botgan toshga shoshmasdan bogʻlab, oʻzlariga oʻtirgani joy hozirlasha boshlashdi.

Ibrohim oʻrnidan turib, tepalik tomon yurdi.

Tepalikdagi kaftdek maydonchadan ilang-bilang ipdek soʻqmoq toqqa oʻrlagan edi. Ibrohim bandargohdagi yigitlardan huv togʻ oʻrkachida ikki qabr — bir rassom va uning xotini qabri borligini eshitgandi. Xotini vafot etganida rassom uni oʻsha yerda dafn ettirgan, qabr yonida oʻtirib rasmlar chizgan va oʻzi ham koʻz yumganida shu yerga qoʻyishlarini vasiyat qilgan. Bu holatdan er-xotin orasida boʻlgan katta muhabbat nafasi kelar edi.

Ibrohim soʻqmoqdan yuqoriga koʻtarildi.

Bu — supadek bir joy. Jarlik bilan dengiz oʻrtasida qoʻnqaygan. Oʻrkach, xolos.

Ibrohim qoʻsh qabr poyida choʻkib, bular ikkisining millati, dini qaysi ekanligini ham oʻylamay, ularga bagʻishlab tilovat qildi. Yuziga fotiha tortgach, qoʻzgʻalib oʻzi kelgan soʻqmoq tomon qaradi.

Bir qizmi-juvon yuqoriga koʻtarilayotgan edi.

Ibrohim diqqat qildiyu...
nafasi boʻgʻziga tiqildi.
Marvarid!
Dam oʻtmay, qiz uning yoniga yetib keldi.
Bagʻriga otildi.
Xudoyim!

Shu payt qilichdek keskir, kuchli bir shamol turib ularni qamraganicha, oyoqlarini yerdan uzdi.

Dengiz tomon uchirib ketdi.

Biri-birining bagʻriga singigan Ibrohim va Marvarid dengiz ustida uchib borishar...

ular inson naslidan emas, biron qush ham emas...

osmonda charx urayotgan —

fillarni eslatishar edi.

Ikkinchi Qism - Nay Sadosi

6

Unga avvalida olisdan ot dupuri eshitilayotgandek tuyuldi.

Soʻng, nazarida, darvoza keskin taqilladi.

Nihoyat, otning kishnaganiyu odamlarning gʻala-gʻovuri eshitila boshladi.

Tushmi? Oʻngmi?

U bir yondan ikkinchi yonga agʻdarildi. Ayni damda sassiz bir sharpa xonada gʻimirlayotganini sezdi. Istar-istamas koʻzini ochib, mulozim tashvishlanib turganini koʻrdi.
— Sizni soʻrashayapti, begim.

Mahal-bemahal har kim uni bezovta qilmasdi. Shu boisdan, soʻragan kim boʻldi-yu, qanday yumush chiqdi ekan, deb oʻylab, oʻrnidan malol bilan qoʻzgʻaldi. Poygakda endi mulozimi tutgan obdastadan qoʻlini chayib, yuzini yuvdi. Toʻnini shoshmasdan kiyib, tashqari chiqdi.

Tong yorisha boshlagan, lekin hali fonuslar oʻchmagan. Ilk navbatda oq ot oldida qomat tiklagan sipohiga koʻzi tushdi.

Tush emas, oʻng ekan!

Uni bexos yoʻqlashga sabab bormi?

U oldinga bosar-bosmas, hovlida toʻplanganlar nafas yutib, orqaga chekinishdi. Faqat sipohi otni qoldirganicha, qoʻli koʻksida ildam yurib, tiz choʻqdi:
— Shahzodam! Ming qatla uzr. Turgʻizishga toʻgʻri keldi.
— Nima gap?
— Onhazrat sizni qistov kelsin dedilar.

Indamay iziga qaytdi.

Mulozim tez kiyintirdi. Yoʻl uchun suv va tomoq ham tayyorlangan edi.

Eshikdan chiqib bir dam parishonlandi.

Roʻparadagi uy eshigi, derazalariga qaradi. Uyda sham yoquvli, yuqori deraza yaqinida enaga joynamoz ustida ibodat bajo keltirmoqda. Bolalikda volidasi vafot etgan. Bu ayol shundan buyon ona oʻrniga oʻtar edi.

Enaga yuziga fotiha tortib, derazani ochdi:
— Begim! Boshingiz toshdan boʻlsin. Parvardigorimning Oʻzi sizni uchragan balo-qazodan asrasin. Doʻstu dushman oldida xorlikdan, zabunlikdan xalos etsin. Har qadamda madad bersin. Omin.

Enaga qoʻllarini yuziga suykagach, negadir barmoqlarini lablariga bosdi.

Haybatli hovlining baland gujum darvozasidan boyagi otga boshqa bir oq ot qoʻshilib chiqqanicha, Madora shaharchasidan Toshqoʻrgʻonga qarab yoʻl oldi.

Madora Toshqoʻrgʻonga nisbatan ham qadimiy, obod va orasta joy. Otliqlar koʻchadan-koʻchaga oʻtib, choyxonalar, katta-kichik ishratxonalar, doʻkonlar, usti ayvonli uylar, yashnab yotgan bogʻlarni oralab borisharkan, shahzoda hozir hamma narsa bilan xayrlashayotgandek holatda edi. Ular quyuq bir daraxtzorni yonlab, sher shaklidagi tarnovlaridan sharillab suv quyilayotgan hovuz boʻyiga chiqishganida, u beixtiyor otning jilovini tortdi. Uning xayolida yarqiragan jodu koʻzlar, soyadek nozik vujud jonlangan edi! Shahzoda hamma narsa bilan xayrlashishga chogʻlangani holda, hatto ishqi tushgan, oʻzi uchun Madorada tanho, aziz siymo bilan xayrlashmagani va xayrlasha olmasligini mana endi his etdi.

Soʻnggi paytlar mamlakatga dushman bostirib kelayotgani toʻgʻrisida sovuq mish-mish tarqalgan. Hammayoq notinch, choʻp suqilgan ari ini.

Shahzoda bundan bexabar emasdi.

Lekin u hali juda yosh, moʻylabi endi sabza urgan yigit edi. Shoʻx. Oʻyinqaroq. Bedard! Dushman kelsa, otam bor, oʻzi chora koʻradi, bizni himoya qiladi, deb oʻylar edi. Uning hayoti bu kungacha tinch edi. Bu kun sahardan halovati buzildi. Shu asno otga qaytib qamchi solarkan, mahzun bir holat uni chulgʻadi. Shahzoda shu pallada onhazrat nega chaqirganiga ham tushunib yetgan edi. Yuzlashgan soatda shoh ota nima deyishi mumkinligini bashorat singari tasavvur qildi:
— Oʻgʻlim! Dushman makkor, ayovsiz. Buning ustiga, shahar darvozalari kalitini unga qoʻshqoʻllab topshiradigan xoinlar topiladi. Men qarib qoldim. Holim yoʻq. Sen yoshsan. Yurtni asra, xalqni asra! Birovlar toptashiga yoʻl berma! Senga nasihatim ham, vasiyatim ham shu...

Otliqlar Madorani orqada qoldirib, ochiq dalada keta boshlashdi. Va koʻp oʻtmay, bepoyon sahro boshlandi.

* * *

Misdek qizib yotgan majnun-sahroda Darvesh oldin qoʻlidagi irgʻay tayogʻi, keyin ozgʻin oyoqlari tizzagacha qumga botib, imillab borar edi:
— Haq doʻst! Oʻ alloh!

U charchagan, chanqagan, och. Unga qoʻnadigan bir manzil kerak. Harholda jismiga jon kiritadigan oʻsha manzilga yetib olishni umid qilib, qolgan-qutgan butun kuchini sarflamoqda edi.

Axiyri, olisdan shahar qorasiga koʻzi tushdi.

Ammo shu lahzada orqadan bulutdek yopirilib kelayotgan bir toʻp otliq koʻrindi.

Darvesh ajablanib toʻxtadi.

Koʻp oʻtmay, otliqlar yaqinlashishdi. Darvesh oʻrtada kelayotgan kishi qoʻshin boshligʻi ekanligini koʻnglida sezdi.
— Haq doʻst! Oʻ alloh!
— Biz dunyoni egallayotgan mamlakatmiz! Sening yurtingni ham bosib olmoqchimiz! — dedi oʻrtadagi kishi. — Sen kim?
— Iskandarning shoxi bor.
— Sen kim deyapman.

Darvesh boshliqqa tirjayib qaradi.

Bu odam qiziq ekan!

U — Yassaviy boʻlishi mumkin.

Ollohyor boʻlishi mumkin.

Mashrab boʻlishi mumkin...

Sen ularning kimligini, aqalli nomini

bilmaysan-ku!

Oʻz ulugʻlaringni bayroq qilib koʻtarib,

hammayoqqa shu bayroqni qadaging keladi.

Bizga begona bir olamni tiqishtirib,

yana kimligimni soʻraysan!
— Men Darveshman.
— Ozib-toʻzib ketibsan, ogʻayni. Senga koʻnglim achiyabdi. Tila tilagingni, — dedi bosqinchi.
— Boshingizni bir koʻrsating, — dedi Darvesh.
— Boshimni? Boshni nima qilasan?
— Shox bormi, yoʻqmi?
— Ey, odam kiyik emas. Echki emas!
— Baribir. Uchraydi. Ana, yaqinda, Surxonda...

Boshliqning jahli chiqdi.
— Tentak... Olib borib zindonga tashla, — imo qildi askarlariga. — Har xil ahmoq gaplarni gapirib yurmasin.

Oradan uch-toʻrt kun oʻtgach, sarkarda boshi qichib shox oʻsayotganini payqadi.

Askarlaridan Darveshni olib kelishlarini soʻradi.

Ular yerga choʻkkan zim-ziyo zindonga kirib, kutilmagan holatga duch kelishdi.

Darvesh oʻzi-oʻzidan qayoqqadir gʻoyib boʻlgan.

Zindonda faqat uning juldur jandasi qolgan edi.

* * *

Oʻsha kuni — aytishlaricha, — zindondan olib chiqib ketilgan janda goh-goho qaysidir zindonlarda “qaytib jonlangan” emish!

Darvesh-chi? U, eshilgan arqondek tuynukdan tushib-tortilib turgan nurga chirmashib, zindondan chiqib ketgan emish!

Bunga kim ishonib-ishonmasligi oʻziga havola. Lekin...

Toshqoʻrgʻonga nihoyat yetib kelgan shahzodaga keksa shoh ota shunday degandek boʻldi:
— Oʻgʻlim! Har qanday dushman oʻz yurti, xalqini sening yurting, elingdan ustun deb biladi. Bepisand qaraydi. Lekin boshida shoxi boʻlgan hatto biron jahongir ham yuragida oʻti bor, erkni tanigan odamni yengolmagan. Toptayolmagan! Yana bilginki, tashqi dushmandan ham koʻra koʻproq ularning aravasiga minganlar yomon. Ulardan ehtiyot boʻl. Har kimning oldida oʻzingni yoʻqotma, oʻgʻlim...

* * *

Bu rivoyatlarmi-hikoyatlarni Voris bobosi Ismoil Xoʻjadan eshitgan edi. Bobosidan yana Ibrohim degan uning akasi bir paytlari yoʻqolganini ham eshitgan.

Toʻzon xas-xashakni yigʻib-jamlab, shar shakliga keltirib allaqayoqlarga eltib tashlaganini koʻrganmisiz? Ba’zan insonni ham shamol-toʻzon shunday uchirib ketgan, oʻrnidan koʻchirgandek boʻladi. Girdibodga tushib, bir necha qadam bosishning oʻzi naqadar mushkul ekanligini sezasan.

Biroq inson chidamli, bardoshli. U sahroda izsiz yoʻqolib ketmaydi. Sarson-sargardonlik, butun mashaqqatlar, kulfatlar, ozorlarga qaramay, koʻksini shamolga tutganicha, ildam boraveradi. Boraveradi.

Sahroda uch belgi: yolgʻiz darvoza, keyin sardoba, keyin chor atrofdagi telpakka oʻxshagan tepaliklar, bu — bosib oʻtilgan yoʻl, tarix.

Bir kunlardagi shon-shukuhini hamon yoʻqotmagan yodgorliklar, xarobalar. Siniq sopol idishlar. Haykal va haykalchalar. Tangalar. Bu ham — tarix.

Osmondan turib yerga koʻz tashlasangiz, tarix va bu kun tutash, ikkisi yonma-yon yaxlit boʻlib tuyuladi.

Biz koʻprik ustidamiz. Oʻtib-oʻtmasimizdan, yangi-yangi avlodlar koʻprikni egallaydi.

Ular yana shamolga koʻksini tutib, ildam boraveradi. Boraveradi...

Voris har gal bobosidan eshitganlarini, ayniqsa Ibrohimni eslaganida shu gaplar xayolidan kechar edi.

Bu gal ham uydan ketayotib uning xayolini, aslida oʻzi koʻrmagan-bilmagan — Ibrohim band etgandi.

Voris ich-ichida Ibrohimni qandaydir yaxshi koʻrardi.

7

Husan koʻchada boshini egib, yer chizib borayotgan edi.

Xayol suri-ib!

Aniq nimani oʻylayapti? Oʻzi ham bilmasdi. Kishi yoʻlda ketayotib uzuq-yuluq har narsa yodingga tushadi.

Qanday boʻlmasin, bir misra uydan chiqqanidan buyon qulogʻi ostida yangrayotgan edi:

Toʻkulgʻonimiz bu davrda toʻlgʻusidur...

Husan axiyri fikrini jamlab, bir zamonlar Xoja Abulbaraka mushoirada aytgan misraning ma’nosi ustida bosh qotira boshladi... Falsafa boʻyicha, odam idishga qiyosmi? “ToʻkGʻladigan” va “toʻladigan”? Gap “idish” ichidagi suv — hayot toʻgʻrisida borayaptimi yoki hayotdagi insoniy nasiba — yoʻqotish jabriyu erishish baxti haqidami? Balki, umuman, gap komillik ustida borgandir? Biz aksar “dono”lik qilib yuramiz-ku, eski kitobdagi birgina misraga ba’zan “tishimiz” oʻtmaydi.

U manzilga yetib kelganini sezmagan edi.

Boshini koʻtarib toʻgʻriga qaraganicha, angraydi.

Husanning opalari — Mavluda va Mavjuda bilim dargohi yaqinidagi bir tosh ustida oʻtirishardi.

U opalarini koʻrgan lahzada opalarning ham unga koʻzi tushdi. Oʻrinlaridan turib, etak qoqishdi.

Husanga shu soniyada opalari qarib, bir oz aftoda boʻlib qolgandek tuyuldi. Yuragi allanechuk achishdi. Shuning barobarida, ikki opa unga onasi Bokira bonu va otasi Ismoil Xoʻjani eslatishdi. U jigarlarini oldin bu eshikda biron payt uchratmaganidan, sal sarosimalangan edi. Lekin oʻnglanib, darhol ular tomon yurdi. Opalarning ham chehrasi yorishdi. Husanni onadek bagʻirlariga bosishdi.
— Bu yerda nima qilib turibsizlar? — deb soʻradi Husan nihoyat.
— Seni koʻrgani keldik.
— Nega uyga boravermadinglar?
— Sizlar uydami-yoʻq, bilmadik, — dedi Mavjuda. Mavluda qoʻshib qoʻydi:
— Hozir poyezddan tushdik.
— Shoira uyda. Sizlar boringlar. Men, ikki soatgina darsim bor.

Opalar koʻtarib kelgan tugunlarini qoʻllariga olishdi.

Husan oynavand eshikdan uzun yoʻlakka kirib borarkan, opalarini uchratganidan noma’lum bir hayajon tuymoqda edi. U negadir yana onasi Bokira bonu, otasi Ismoil Xoʻjani esladi.

Husan otasi oldida mehrli va itoatli farzand edi.

Urushda boʻlgan, keyin qamoqda ham yotib chiqqan (bobosi urush qahramoni boʻlsa, nega qamashadi? Jinoyatchi boʻlsa, nega orden-medal beradi? Husan to hozir bu mantiqsizlikka hech tushunolmasdi. Qisqasi), egnida gimnastyorka, shinel, boshida salla, yarim mulla-xudojoʻy, yarim ishchi-dehqon Aburahmon Xoʻjaning oʻgʻli ekanligi uchunmi yoki butun oilasi qirilib, akasi Ibrohim ham badar ketgani uchunmi, Ismoil Xoʻja sodda, mehnatkash, xokisor, gunoh qilgan boladan ham uzr soʻraydigan beozor kishi edi. Bir oz jur’atsizmi-ehtiyotkor ham edi, shunchaki eshik taqillaganda choʻchib tushishga odatlangandi. Eski-arabiy kitoblar oʻqir, aytadigan gapi asosan, ota-bobolardan kelgan tartib-odob bobida boʻlardi. Husan hali yosh, murosasiz edi. U tun-kun otni qamchilagisi kelar, unga otasi “ojiz”ligidan doim aravani orqaga tortayotgandek boʻlib tuyulardi. Mana, endi oʻylab koʻrsa, ot chopgani bilan aravaning oʻzi orqada ekan! Husan otasining fe’l-atvoridan vaqtida norozilangani koʻpincha yodiga tushib, oʻzi-oʻzidan xijolat chekardi.

U volidasi oldida ayniqsa mehrli, itoatli edi.

Bokira bonu erining aksi, dadil va faol. Bola oʻstirish, uy yumushlaridan tashqari, atelьeda tikuvchi edi. Oila hayotida biron chigallik chiqsa, eriga qarab oʻtirmay, hal qilib ketaverardi. Afti-angoridan katta bir davralarda yurish, koʻrkam bir sharoitda yashashga munosib ayol, lekin mashaqqatli roʻzgʻor girdobiga tushib qolgandek edi. Mana, endi Husan har gal onaizorini eslab yurak-bagʻri ezilardi.

Ma’ruza oʻqiydigan xonaga qarab ketayotib, tabiiy holda Husan oilaning yana bir a’zosi — oʻz birodari Hasanni ham esladi. Rangin bir manzara koʻzi oldidan oʻtgandek boʻldi.

Ha, ular egizak edi.

Hasan va Husan!

Avvaldan elda bor tartib: bolalikda ularning ikkisini kamsitmay-oʻksitmay qoʻgʻirchoqdek bir xilda yasantirishar, ikkisiga uyda teng mehr koʻrgizishardi. Egizaklar bir bogʻchaga qatnab, bir maktabga borgan, oʻn yil bir sinfda, bir partada oʻtirib oʻqigan edi. Oʻsha bolalik davrida begonalar tugul sinfdoshlardan muallimlargacha ularni adashtirishganidan, koʻp kulgili va zavqli holatlar yuz bergan. Bu emas, hatto padari buzrukvori Ismoil Xoʻja Hasanni Husan, Husanni Hasan deb murojaat qilgan paytlar ham uchraydiki, yoqa ushlashga majbursan. Faqat miskin ona Bokira bonu boshini koʻtarib tik qaramay ularni farqlay olar ediki, qanday buni eplagani uning oʻziga va Oʻlgʻiz xudoga ayon!

Bolalik kunlari oʻtib, maktabni bitirgan Hasan va Husanga ota-ona aftidan hamon birdek libos kiydirib, ularni bir yoʻlga solishmoqchi edi-ku, iloji boʻlmadi. Bu dunyoda vaqti kelib jon-jigarlarning ham turqi-tarovati oʻzgarib, hayoti va qismati turlicha shakllanar ekan! Hasan ota-onasi yonida, oila koʻchib kelgan Buxoroda qolib, gazchilar bilim yurtiga oʻqishga kirdi. Husan bir payt bobosi Abdurahmon Xoʻja, buvisi Shamsiya bonu yashagan, qabrlari ham qolgan poytaxtda oʻqishni orzu qilib, dorilfunun eshigini qoqdi.

Koʻz yumib ochguncha ular ulgʻayib, har biri hayotda oʻz oʻrnini egalladi.

Hasan hozir Navoiy viloyatida obroʻli rahbar. Taniqli kishi.

Husanning ham mavqei undan kam emas. E’tibor topgan olim. Kitob yozadi. Tanish-bilishi son ming.

Bu kun avvalgidek egizaklarni ikki tomchi suv deyolmaysiz. Yaqin birov oʻxshatmasa, qolganlar xayoliga ham keltirmaydi.

Hasan sportchilar kabi yoʻgʻon, miqti. Kibor, ba’zan keskin.

Husanni ham mabodo sportchiga qayoslasa, kurash tushadigan yoki mushtlashadigan emas, sakraydigan yoki uzoq masofaga yuguradigan xilidan. Kamtar, xokisor (yillar oʻtib, suyagi otasiga tortgani bilingan boʻlsa kerak).

Endi faqat opalar Buxoroda yashaydilar. Ular, pochchalar, jiyanlar goh-goh Toshkentga kelib turishadi. Biroq Navoiyga koʻproq borishadi. Navoiy yaqin. Qolaversa, Hasanning imkoniyati boshqacha.

Albatta, egizaklar ham koʻrishib turadilar. Koʻrishmay qayoqqa borasan!

* * *

Husan eslaganlarini “sandiqqa solib-qulflab” darsxonaga kirdi.

U qariyb chorak asr talabalarni “imtihon qilish” davomida oʻzi ham goʻyoki muntazam imtihon topshirardi. Bir Oʻzuvchi aytgan ekan: “Oʻshlar oldinda yuradilar. Hayotdan chetlanmaslik uchun birga boʻlish kerak”.

Ular oldindami — orqada ekanligi bahsli masala. Ta’lim-tarbiya butun dunyoda yildan-yil qiyinlashib borayotgani aniq gap!

Bunisi mayli.

Falsafa — tafakkur demak.

Tafakkur esa — simob.

Ana, yuzlab kitob. Birgina din bobida munosabatning ming bora oʻzgargani. Goho rohibona, goho dahriyona.

Turfa mazhablar. Oqimlar. Yana rindlik.

“Islom ekstremizmi” degan gap chiqqan. Bu ikki soʻz biri-biriga zid.

Falsafa (agar u chindan qatordagi bir fan boʻlsa) hech qachon tugal shakllangan emas. Bu kun talabaga bir fikrni tushuntirib, ertaga teskarisini aytish subutsizligidan xunukroq holat bormi? Toki insoniyat komil boʻlmagunicha falsafa yetuk boʻlolmaydi! Qoʻliga kitob olishga ishtiyoqi yoʻq talabani bu keti berk koʻcha (labirint)ga qanday boshlab, qanday yetaklab chiqib ketasan?

Dars soati tugab qoʻngʻiroq chalinishiga oz qolgan edi, Husanni doʻsti Qurbon domla yoʻlakka imladi:
— Eshikda sizni kutishayapti. Jigarlar kelgan ekan!

Obbo...

Husanning joni xuddi tovoniga tushdi.

Mavluda va Mavjuda qaytib bu yoqqa kelishganmikan? Sabab?

Shoira uyda boʻlaman degandi. Koʻchaga chiqqan ekanmi? Xudo saqlasin, u...

Oʻzi yaxshi ayol! Lekin tuyqusdan mehmon kelishini yoqtirmaydi.

Odatda, uyga “bostirib” kelgan mehmonni noxush, qosh-qovogʻi bir qarich osilib qarshilaydi. Unga, taomil shu, mehmon otangday ulugʻ, degan gapni tushuntirolmaysan. “Nega har kim otamday ulugʻ boʻlar ekan, bir ogʻiz aytib kelsa, oʻlmaydi-ku!” deb turib oladi. Umuman, uyda istagan palla mehmon kutadigan sharoit ham topilavermaydi. Domla (olim)ning bir oylik maoshi ba’zan bir haftaga yetib-etmaydi. Oʻzingni har yonga urib sal tayyorgarlik koʻrmasang, uyalib qolasan! Bu jahatdan, Shoira albatta, haqli.

Husan shularni oʻylaganicha, eshikdan chiqdiyu...

qaradi.

Pastda, ancha narida sut bilan chaygandek yangi mashina...

mashina yonida, daraxtlar tomon yuzlangan Hasan turar edi!

Birinchi navbatda Husan koʻzlariga ishonmadi. Opalar izidan bu kun Hasan ham kelishi aqlga sigʻmasdi. Nima, shunchaki tasodif tufayli bunday boʻldimi yoki qandaydir munosabat boru jigarlar atay shunday qilishdimi?

Keyin, Husan bu gal Hasan ham xabarlashmagani va uyga bormay, toʻgʻri bu eshikka kelganini oʻyladi.

Egizaklar biri-birini quchishdi.

Husan mashina yonida kuymalayotgan haydovchiga ham qoʻl uzatdi.

Qachondan bu rasmga kirdi? Husan sezmay qolgan, u “siz”sirar, Hasan uni “sen”sirab gaplashardi:
— Yaxshi yuribsanmi? Tinchmisan?
— Rahmat. Oʻzingiz? — Husan beixtiyor “gulladi” — Ertalab opalar kelishgan edi.

Hasan bexabar ekan, koʻzlarini yirdi:
— Opalar? Uydami?

Husan qisinib bosh tebratdi.
— Men vaqtim ziq, yarim kunga kelganman. Hozir qaytib ketaman, — dedi Hasan. — Opalarga indama. Xafa boʻlishadi. — U yaqin kishilar gapiga xalal bermaslikka fahmi yetmagan haydovchiga koʻz qirini tashlab qoʻyib, Husanni qoʻltiqlagancha daraxtzor tomon boshladi. — Senda ishim bor. Iltimos, — dedi shundan soʻng. — Voris meni qon qilib yubordi. Qayoqlardadir yuribdi, — dedi oʻgʻli haqida. — Oʻzini tutishi betartib! Oʻylamay gapiradi, aljiydi! Shu yoqda ekan, odamlar koʻribdi. Sen uni top. Domlasan, olimsan, nasihat qil. Mening boshim qotgan.

Hasanni idora ishlaridan boʻlak bu tashvish poytaxtga olib kelganini his etgan Husan faromushlandi.

U Vorisni kam koʻrgan, kam kuzatgandi. Yaxshi bilmasdi.
— Men bir surishtiray-chi! — dedi.
— Surishtirish kam. Uzil-kesil! — dedi Hasan. — Opalarga buni ham aytma. Ayollar ogʻzi boʻsh, gapni koʻpaytirishadi. Uch-toʻrt kun ichida yana qoʻngʻiroq qilarman.

Boyagidan ham oʻychanroq koʻyda mashinaga qarab yurdi.

Orqa oʻrindiqdan qandaydir xaltani olib, qaytib Husanga yaqinlashdi:
— Sovgʻa! Bilasan, quruq qoʻl bilan kelolmayman, — bu gal tez odimlab, mashinaga mindi.

Haydovchi endi oʻz oʻrnida oʻtirardi.

Mashina dam oʻtmay, zuv etib daraxtlar panasida berkindi.

Bu kun opalari bilan diydorlashganida suyungan Husan birodari Hasanni koʻrganidan ham hayajonlangan edi.

Ular hech mubolagʻasiz, bir qorindan talashib tushgan. Faqat bu emas, bor-yoʻgʻi uch daqiqa farq bilan dunyoga kelganlar.

Egizaklardan kim dastlab, kim keyin koʻz ochganini bilib boʻlmaydi. Bunga vaqtida ahamiyat berilmagan. Ism taxminan qoʻyilgan va aslida, Hasan qolib, Husan uch daqiqaga katta boʻlishi ham mumkin! Dunyoda shunday sodda haqiqatlar uchraydiki, hech qachon hech kim tagiga yetmagan va yetishga ortiqcha urinmagan! Zeroki, har bir haqiqat olamshumul hodisaga aylanavermaydi! Ular egizaklar, xolos. Buni tan olishga burchli edilar.

Sut bilan chaygandek mashina daraxtlar ortida gʻoyib boʻlgach, Husan qiziqsinib xaltani ochdi. Olma-anor, holva-novvot. Bir bogʻlam pul ham... Hasan shunaqa, barcha jigarlariga mehribonlik, gʻamxoʻrlik koʻrsatib yuradi!

Lekin Husan bir dam burungi mamnuniyat aralash qisinib-ezilgandek holatni sezdi. Birovdan, ayniqsa oʻz yaqinlaridan pul olishni or deb bilmaydigan kishi koʻp — balki, muhtojlik, balki, ochkoʻzlikdan! Ayrimlar porani ham gunoh deb bilmaydi — olishga oʻrganib ketgan. Ayb ustida qoʻlga tushirish qiyin, koʻpincha baliqdek qoʻldan sirgʻalib chiqib ketadi ham!

Husan aqlini taniganidan buyon ter toʻkib, biri ikki boʻlmagan, kosasi oqarmagan. U ota-onasi singari qoʻli qisqa ekanligiga qaramay, bu borada magʻrur edi. Hasanning e’tiborini qadrlardi. Shu bilan birga, pul toʻgʻrimi-egri yoʻl bilan topilgan? — oʻylashga ham majbur edi. Har qadamda halol luqma, degan gap koʻnglidan kechardi. Hozir ham koʻcha oʻrtasida serrayib, shu haqda xayolga choʻmdi.

Nihoyat, yoʻlga tushgach, Voris toʻgʻrisida oʻylay boshladi.

Poytaxt shaharda, kelgan manzili, maqsadi noaniq birovni uchratishga urinish somon gʻarami ichida ignani yoki deylik, daryomi-dengizga tushgan uzukni qidirish bilan barobar! Voris qayerda? Uyidan ketib, nima qilib yuribdi? Kimdan, qanday surishtirish kerak? Hasan vazifani unga yukladi, tamom! Bajarmasa, u aybdordek, oʻpkalanadi. Shunaqa nozikmizojligi yoʻq emas!

Qiyos oʻrinli boʻlmasa-da, bolalikdan eshitgani — bir kunlar amakisi Ibrohimni otasi Ismoil Xoʻja uzoq qidirib topolmagani beixtiyor Husanning yodiga tushgan edi.

Uni negaligini oʻzi ham bilmagan bir gʻussa chulgʻadi.

* * *

Uyga kirib kelganida kayfiyati oʻzgardi.

Dasturxon yonida opalari bilan Shoira xushchaqchaq suhbatlashib oʻtirishardi. Xotini odaticha qosh-qovoq solmaganiga Husan xursand boʻldi.

U xalta koʻtarib kelganiga Shoiraning yanada chehrasi ochildi.Eskidan ayol zoti shu, uyda toʻkin-sochinlikni koʻrsa, oʻzini baxtiyor his etadi.

Davraga qoʻshilgan Husan opalarini gapga solib, Hasan bilan Vorisdan ogʻiz ochmagan holda ba’zi narsalarni aniqlab olishga umidlandi. Gapni opalarning oʻzi boshladi.
— Buxoroga bormay qoʻydingiz, — deb shikoyatlandi Mavluda. — Toʻy-ma’rakaga aytganda ham, bormaysizlar.
— Boramiz. Bu yil albatta boramiz, yozda, — dedi Husan shoshib. — Xudo xohlasa, Shoira, qizlar, hammamiz...
— Bultur toʻy qilganda koʻp kutdik, — gapga aralashdi Mavjuda. — Odamlar soʻraydi, kim keldi, kim ketdi? Dunyo gʻanimat. Biz ham qarib qoldik...
— Ey, sizlar hali yosh qiz! — hazillashib kuldi Husan. — Erkak kishi uka boʻlsa hamki, aka oʻrniga oʻtadi. Qarigan ana, biz! Vaqt boʻlsa, hafsala yoʻq, hafsala boʻlsa, vaqt...
— Ellikka kirib-kirmay qariydimi? Sizlar hali yigit! Unaqa demang, uyat boʻladi...
— Hasan ham doim shamoldek kelib, shamoldek ketadi. Qachon qarama, ish! Ish! — dedi yana Mavjuda. — Lekin ba’zan har birimizga yarim moshin qovun-tarvuz, meva-cheva tashlab ketadi. Toʻy-ma’raka payti mol soʻyib yuboradi. Yana bir qop guruch, bir qop un...

Ha! Husan hech qachon Hasan boʻlolmaydi. Birovga bunday himmat koʻrsatolmaydi. Ular oilasida barcha mehnatkash, tirishqoq (hayotda Hasanga nisbatan Husan kam xizmat qilgani yoʻq). Lekin xudo omadni kimga berib, kimga bermas ekan! Kambagʻalda odamgarchilik nima qilsin, degan gap yuradi. Kambagʻal-ku, odamgarchilikni biladi, choʻntak qup-quruq. Qoʻli qisqa kishining tili ham qisqa! Qoʻtir bu dunyoning hikmatiga kishi ba’zan tushunolmaysan.
— Hasan Vorisni uylantirmoqchi, — deb Husanning xayolini boʻldi Mavluda. — Kelin ham topib qoʻygan. Yaqinda xabar qilsa kerak.
— Mening gunohim boʻynimda, Voris qanaqaligini yaxshi bilmayman, — dedi Husan ehtiyotlanib. — Borsam, atrofimda besh-oʻnta kishi, doim chalgʻiyman.
— Voris otasining bolasi! — mavhum gap qildi Mavjuda.

Choydan keyin opalar shoshqin oʻrinlaridan turib, kiyina boshlashdi.
— Oʻ, baxayr (qayoqqa)?
— Xumsonda bir dugonam bor. Bu kecha oʻshalarnikiga borib yotamiz, — dedi Mavluda. — Ertaga kechqurun kelib sizlarnikida qolamiz.
— Shoiraxon ham yursin. Qarshi boʻlmasangiz, — dedi Mavjuda.
— Mayli, borging boʻlsa, bor.

Ayollar ketishgach, Husan yana Voris toʻgʻrisida oʻylashga tushdi.

* * *

Yigitning ismi — Oʻmonqul.

Duppa-durust, nasl-nasabli oilada tugʻilgan bola oʻlavergach, oʻlimni “aldamoqchi” boʻlibmi, unga shunday ism berishgan.

Bu — Itolmas, Xunukboy degan ismlarga oʻxshab qadim-qabilachilik davrlaridan kelgan. Oʻzimiz uchun ham buning qadri yoʻq, mazmunida kamsitsa, bola yashab ketishiga sodda ishonch bilan qoʻyilgan ism.

Oʻmonqul uch-toʻrt yil burun Husanning qoʻlida oʻqigan. Hozir bir doʻkonda tamaki sotadi.

Talabalik yillari uyga bot-bot kelib turganidan, Husan uni oʻziga yaqin tutadi. Shogirdining qaysidir yoʻsinda Voris bilan ogʻayni ekanligini eshitgan, bu ham oradagi “yaqin”likka koʻprik boʻlgan edi. Keyingi yillarda yigitlar uzoqlashib ketganmi yoki hamon doʻstmi? Husan bexabar. Ammo bir narsa ayon: shahri azimda Vorisga tegishli gapni bilsa — Oʻmonqul biladi.

Shogirdi doʻkonini Husan eslamaydi (doʻkon bir necha bora oʻzgargan ham). Uyiga aksincha, otasi oʻlgandami, uylanganidami ikki-uch borgan.

Vaqtni bekor oʻtkazmay, uyda yolgʻiz zerikib ham oʻtirmay tezroq masalani hal etish uchun kechga tomon u koʻchaga chiqdi.

Quyosh endigina botgan. Yerda son-sanoqsiz chiroqlar yoqilib, osmonda yulduzlar koʻrina boshlagan.

U xayol domida uzun yoʻlkada ketayotgan edi, bexosdan koʻngilsiz voqeaga duch kelib toʻxtadi.

Rastadagi savdo majmui boshlanishida oq koʻylak, oq shim kiygan, favqulodda gavdali, kuchli bir kishi it mushukka tashlangandek, besh-olti yoshlardagi nimjongina bolani changalida tutganicha, yerga otib yuborar, urar, tepar, koʻtarar va yana otar edi.

Maydonchada hovli-bogʻdan chelakda oʻrik-olcha keltirib sotgan ayollarni toʻrtta boʻlib quvib yuradigan mirshablarning qorasi koʻrinmasdi. Atrofda odam gʻuj-gʻuj. Biroq roʻy berayotgan voqeani barcha gangib tomosha qilmoqda.

Husan ham oddiy tomoshabinga aylandi.

Shu asnoda u voqeaga darhol aralashib chora koʻrishni istar edi-ku, oq kiyimli kishiga bas kelolmasligiga aqli yetayotgandi. Qarshi turishga Husanda jisman kuch yoʻq. Ruhan ham (otasi Ismoil Xoʻjaga xos jur’atsizlik, ehtiyotkorlik uning qoni-jonida namoyon boʻlmoqda). Bir qadam bosishga kuch topolmayotgandi. Faqat koʻrib turgan manzaradan dovdirab, oʻzini quldek nochor-notavon sezganidan ezilayotgan edi.

Nihoyat, boyagi chelak koʻtargan ayollardanmi birov baqirdi:
— Hayvon! Axir, u bola-ku. Oʻldirib qoʻyasan!

Husan shu damda his etdi... Chindan gavdali kishi bolani ana-mana oʻldirib qoʻyishi ham mumkin.

Ayolning soʻzi ta’sir qildimi, oʻzi bolani “ezgʻilab” toʻydimi, shundan soʻng harholda arvohni eslatgan kishi doʻkon eshigidan chetlashdi. Bola ham oʻrnidan turib, chayqalganicha, bir tomonga sudralib keta boshladi.

Shunday yakun qanoatlantirgandek, Husan ham tarqalayotgan xaloyiq orasida bu yerdan jildi. Sal nariga borib non, meva-cheva xarid qilgach, yoʻlida davom etdi.

Biroq unga daxli boʻlmagan, oʻtkinchi voqea koʻzi oʻngida, xayolida qotib qolgan edi! Yuragiga gʻulgʻula tushgan, jismi va ruhini allaqanday notinchlik egallagandi. Koʻchada u dahshat tuyib borar edi.

Odamni odam urishi (urush buning katta shakli!) insoniyat tarixida ibtidoiy davrdan kelgan sharmandali holat... Biz jilla burun (yoshlar borasida) eslagan Oʻzuvchi aytgan edi: “Til oʻz vazifasini bajarolmaganida, qoʻl ishga tushadi”. Ya’ni, insoniy munosabat oʻrnini hayvoniy xatti-harakat oladi... Qadimdan mulkdorlar oʻz qullari, xoʻjayinlar qarollarini urganlar. Hamon ba’zan qoʻli ostidagi xizmatchilarni uradigan boshliqlar topiladi. Ba’zi erlar qoʻli qichib xotinini uradi. Xotin erini urgan paytlar ham oz boʻlsa-da, uchraydi. Xudo kechirsin, nobakor farzand otasimi, onasini urgani goho quloqqa chalinadi.

Ayniqsa, bolalar. Dunyoda bolani urish odamzodga goʻyoki avvaldan muhrlab berilgan. Bir vaqtlar maktabdor-mulla uzun kaltak (xoda) bilan bolalar boshiga tushirar edi. Hozir ham muallim oʻquvchini jazolashga oʻzini haqli deb biladi, qoʻlida choʻp yo xivich oʻynatib, hech boʻlmasa, jild qoʻltiqlagan bolani maktab atrofida yugurtiradi. Ota-onalar bolalarini doʻpposlaydi. Bolalardan katta yoshlisi kichiklarini uradi... Bu yovvoyilik, jaholat, zoʻravonlik tuygʻusi hamon odamlarda saqlanib qolganiga aql bovar qilmaydi!

Oʻmonqulning shahar markazidagi uyi tomon ketayotgan Husan hali oʻzi-oʻz holatini toʻla anglamagan edi. U koʻchadagi voqeadan sarosimalangan, ich-ichidan ezilgandi. Bundan tashqari, oq kiygan kishi unga dabdurustdan tashlanadigandek, allanechuk qoʻrqqan ham edi. Vaziyatni hisobga olmaslik, birovning vajohatli-vahshiy, achchiq ustida ekanligiga parvo qilmaslik yomon oqibatga olib borishi mumkin, bu yengiltaklik, deb oʻylagan, bir tomondan, oʻzini umrida jaholatga qarshi turgan olijanob ziyoli turqida koʻrganidan, dadil oʻrtaga tushgisi kelib, ikkinchi tomondan, biron payt nizoga aralashishdan yaxshilik chiqmasligi aqidasiga koʻra, koʻpchilik qatori bosiq-beparvo turaverish unga afzal boʻlib tuyulgan edi... Lekin ana, voqea kechgan joydan, rastadan uzoqlashib oʻz yoʻlidan borayotganicha, endi Husan dahshat tuyish barobarida, ojizgina bolani himoya qila olmagani, aralashmaganidan qandaydir uyalayotgan edi. Tarixda (faqat uzoq tarix emas, fuqarolar urushi davrida, keyingi toʻpolonlarda ham) oʻzbek yigitlari (koʻksida yoli boʻlganidan) bir kishi hech gap, butun boshli toʻplar-toʻdalarga qarshi turishga botinganini eslab, yurakdagi olov qachon, nega soʻnganiga hayratlanayotgan edi. Chelak koʻtargan ayol koʻzi oldida jonlanib, hozirgi ayollar erkaklarga nisbatan oʻktamroq ekanligidan qisinib, xijolat ham chekayotgan edi.

Inson tabiatan ozmi-koʻpmi oʻzini oqlashga moyil. Shundan, Husan ehtirosga berilmayapmanmi, bekorga ezilmayapmanmi, deb ham oʻylashga urinayotgan edi. “Gavdali kishi oʻzi kim? Bola kim? Toʻqnashuv nima sababdan roʻy berdi? Men bilmayman. Birovdan hatto bunday soʻrayolmadim!” degan gap xayolidan oʻtib, his etgan (hamon his etayotgan) dahshatning “piligi”ni pasaytirishga, butun-bor voqeani unutib yuborishga ham harakat qilayotgan edi... Shu kayfiyatda Oʻmonqulning uyiga kirib bordi.

Oʻmonqul tomi qanot shaklida, ikki qavatli chiroyli, moʻ’jaz hovlida turar (shogird koʻp qavatli binoda el qatori yashagan ustozidan badavlatroq) edi. U kutilmaganda ustoz qadam ranjida qilganidan boshi koʻkka yetib, darhol dasturxon yozishga tutindi. Husan bir zumga bemavrid eshik qoqqanini aytib, uzr soʻraganiga qaramay, qozon ostirdi. Xotini (kelin) ovqat qilib kelgach, devor-tokchadan aroq ham oldi. Ikki piyolaga toʻldirib quydi:
— Oling, ustoz.
— Men ichmayapman, — dedi Husan.
— Oling, hech narsa qilmaydi.

Husan Oʻmonqulning ozgina kayfi borligini endi payqadi. Shogirdi koʻngli uchun piyolani urishtirib, bir qultum ichdi.
— Oxirigacha olasiz, ustoz, — deb qaysarlandi Oʻmonqul. — Siz mendan ilmdan kechib doʻkonda oʻtirganim uchun xafa boʻlmang. Tirikchilik! Oila boqish kerak. Umuman, odamga munosib yashash kerak! Bilaman, kechagi kun emas, eski zamonlardan olimlar, shoirlar oʻzi shohmi, gadomi kambagʻalni ulugʻlab, boylarni turtishgan. “Boy boyga boqar”, “boyonlarga tuf”, shunga oʻxshagan! Notoʻgʻri. Odamning yaxshi-yomonligi boylik-kambagʻallikka qaramaydi. Oʻvuz boylar boʻlgan. Lekin kambagʻallar ham shunday yovuzliklar, johilliklar qilganki... “Kambagʻalning xirqasidan or qilmoq shunchalar”. Bunisi yaxshi aytilgan. Or qilish kerak ham! Yirtiq kiygan biron kishi uchramagani durust! Bizda odamlar qadimdan asosan, dehqonchilik, hunarmandlik, yana koʻcha-bozor, savdoga oʻrgangan. Savdogarlar himmatli, olijanob toifa... Mendan xafa boʻlmang, ustoz.
— Xafa boʻlmayman, — dedi Husan. Oʻzicha, Voris ham shunaqa qaysarlik, gapdonlik qilarmikan, deb oʻyladi. — Ba’zi soʻzlaringiz bahsli. Lekin men buning uchun kelganim yoʻq. Voris toʻgʻrisida soʻramoqchi edim.
— Voris?
— Jiyanim. Sizlar qachon, qayerda tanishgansizlar?
— Buxoroga bir borganimda tanishganman. U Buxoroda edi.
— Hozir Toshkentda ekan.
— Juda xokisorsiz-da, ustoz. Betayin jiyanni qidirish bir, katta boshingizni kichik qilib... U shu yerda. Hali koʻrisholmadik. Qoʻngʻiroq qilgan edi, ovoz hech eshitilmaydi. Kasalxonaga yotmoqchiman, degandek boʻldi. Qaysi kasalxona? Nega yotadi? Tushunmadim. Qaytib qoʻngʻiroq qilishini poylab oʻtiripman.
— Shunisiga ham rahmat, — dedi Husan.

* * *

U koʻchadagi koʻngilsiz voqeani batamom unutgan edi.

Shogirdi uyidan uzoqlashib katta koʻchaga chiqqani zahoti, oq kiygan gavdali kishi va mushtdek bola yana xayolida jonlandi. Dahshatli manzara koʻzi oldiga keldi.

Ichgan kishi sherga aylanadi. Ayniqsa, ichmay yurgan boʻlsa! Husan mabodo endi boyagi voqea ustidan chiqsa, ikkilanmay shartta oʻrtaga tushadigan holatda edi. Buni u hatto tasavvur qilayotgandi.

Shuning barobarida, uning xayoli tubida bunday savollar choʻkib yotardi:

Gavdali kishi oʻzi kim? Bola kim? Toʻqnashuv nega roʻy berdi?

Bu savollarga yangi savollar qoʻshila boshladi.

Birinchi galda:

Bola rastadan sudralib qayoqqa ketdi? Uyigami?

Keyin:

Uyga borib yotib qolmadimi? Biron kasalxonaga olib ketishdimikan? Uyga yetib-etmasdan yoki yetgach, oʻlgan boʻlsa-chi?

Xoʻp. Yana:

Uning ota-onasi bormi? Ular qayerda? Bolasini birov oʻlasi urganidan xabardormi yoki bexabar?

Umuman:

Gavdali kishi bilan bolaning oʻzaro munosabati? Bular tanishmi, begonami?

Tanish (biri-biriga daxldor kishilar) boʻlsa, shunday ayovsizlikka boriladimi? Begona boʻlsa, nima qilib oradan oʻt chiqdi?

Tuyqusdan Husanning xayoliga muhim bir gap keldi. U taxmin qildi:

Gavdali kishi (Oʻmonqul maqtagan savdogar) tijorat doʻkoni boshligʻi (xoʻjayini)! Oʻgʻrilik yuz berayotganini payqagan, poylab yurib bolani qoʻlga tushirgan. Unga umrida esdan chiqmaydigan saboq berishga chogʻlangan. Mol achchigʻi — jon achchigʻi. Oʻzini toʻxtatolmagan!

Voqea shu taxlitda kechganligi ehtimolga yaqin edi.

Vaqt kech boʻlib qolganidan, koʻchada odam siyrak tortgan. Yoʻl ustidagi rastaga Husan ana-mana yuzlanadi. Shuning uchun u Doʻkondor va Oʻgʻri toʻgʻrisidagi oʻzi topgan taxminga libos kiydirib, goʻyoki “bezay” boshladi:

Demak, bu yakka holda qoʻllangan jazo!

Jinoyatga qarshi!

(Bola — jinoyatchi!)

Chindan shunday boʻlsa, kimni — Doʻkondornimi, Bolanimi? — oqlashni oʻylab koʻrishga toʻgʻri keladi.

Sharqda (balki, qaysidir davrlar Gʻarbda ham) qadimdan goh u, goh bu yerda oʻgʻrilik (qoʻli egrilik) qilganlarning qoʻlini kesganlar (chopganlar). Boshqalarga ibrat tariqasida shu yoʻsin chora koʻrilgan... Ba’zi joylarda bu tartib hozirgacha saqlanib keladi! Lekin bunday jazo (yoki koʻchada sazoyi kilish)ni odatda, bir kishi bajarmagan! Bunga haqli emas! Koʻpchilik kelishib, adolat yuzasidan hukm chiqargan (oʻshanda ham ba’zan nohaqlik roʻy berib turganini kitoblardan oʻqiganmiz. Ana, Kolumbiyada bir yigitni hayosizlikda ayblab, sazoyi tarzida chavoqlab tashlashadi. Keyin, uning gunohi yoʻqligi oshkor boʻladi). Bu — baribir, jaholat. Chunki, olomon — yovuz, shafqatsiz. Olomon lahzalik telba holatda ba’zan yoʻlida uchraganni seldek surib ketishi mumkin.

Husan katta yoʻl yoqalab odimlaganicha, rastaga kirib keldi.

Savdo majmui oldidagi maydonchaga qadam qoʻydi.

Xayolidan ketmayotgan fikr: Doʻkondor va Oʻgʻri haqidagi taxminning toʻgʻri-notoʻgʻriligini kimdandir soʻrab, tasdiqlatib olmagunicha koʻngli tinchib bu yerdan ketolmaydiganga oʻxshardi.

Endi doʻkonlar yopiq.

Chelak koʻtargan ayollar ham koʻrinmaydi.

Faqat bir chetda ikki-uch ayol tamaki, qurut, saqich sotib oʻtirishardi. Bular erta-kech shu yerda, hamma gapni bilishadi!

Savolga tutsa-chi?

Yoʻq.

Gap unmadi.
— Yaxshi oʻtiribsizlarmi, singillar? — deyishi bilan, ayollar chuvillashdi:
— Nima ishingiz bor? Bir narsa olmoqchi boʻlsangiz, oling. Boʻlmasa, ketavermaysizmi? Oʻzi mast...

Husan mast edi.

Ketaverdi.

U hozir bu yerda uymalashishda ma’no yoʻqligiga qanoat hosil qilgan edi.

* * *

Uyga kirib kelgach, obdan yuvindi.

Hushyor tortdi.

Oromkursiga choʻkib qalin daftarni ochdi.

Kasalxona degani ham teleminora emas, uzoqdan koʻrinib turadigan! Voris qayerdagi, qaysi kasalxonada? Izlash kerak.

Birma-bir turli kasalxonalarga erinmay qoʻngʻiroq qila boshladi. Navbatchilar bilan gap talashib, bir yalinib, bir doʻq urib terlab-pishganicha, ikki soat deganda nihoyat, jiyani daragini topdi. Voris markaziy kasalxonada ekan!

Vaqt allamahalga borgan. Juda charchagan edi.

Shoirani opalari yonida Xumsonga joʻnatganiga pushaymonlik sezib, oʻzi-oʻziga oʻrin toʻshadi.

Chiroqni oʻchirib koʻrpaga oʻrandi.

Salqin bahor tuni. Shamol gʻuvillab daraxtlarni silkitardi.

Osmonga bulut chiqqan ekan, bir mahal shitirlab yomgʻir yogʻa boshladi.

Tezda qotib uxlab qolaman, deb oʻylagan edi. Koʻzi bir ilingach, uyda yolgʻiz ekanligi-yu, bu kungi taassurotlar yukidan uyqusi qochdi. U yon-bu yon agʻdarilib, yotaverishmi, oʻrnidan turishini bilmay, azoblana boshladi... Erkak kishi xotini uyda borligiga beparvo qaraydi. Uyda boʻlmasa, paytavasiga qurt tushadi. Usiz yashayolmasligini sezadi.

Xotini yoʻqlar yoki xotini oʻlganlar ahvolini xudo koʻrsatmasin! Ana, mahalladagi Marat bobo degan soʻqqabosh kishi. U, kunni balki, har xil yumush bilan “aldar”. Naq yurakkacha zulmati “kirib keladigan” tunlarni-chi? Qanday oʻtkazar ekan?

Husan yolgʻizlik haqida oʻylaganida doim Marat boboni koʻngli achib eslar va faylasuf ekanligidan, Bu Odam hayoti falsafasini tushungisi kelar edi. Hammadan ham, Marat boboning oila qurmaganmi, ajralganmi, oʻzini Oʻlgʻizlikka beparvo qaragandek tutishi Husanni ajablantirardi.

Bu kech uyqusi qochib, u yana yolgʻizlik, Shoira, muhabbat, ayollar toʻgʻrisida xayolga choʻmdi.

Yuz — yuz, lab — lab, koʻz — koʻz, qosh — qosh...

Azaldan Odam shunday Yaratilgan. Ajablanish ortiqcha. Lekin qizlar, ayollarda bularning har biri Alohida Ahamiyatga ega. Malohat kasb etadi! Asrlar davomi Sharqda shoirlar Ayol yuzi haqida (betidagi xoligacha), lablari haqida (hatto ogʻzi shakligacha), koʻzlari haqida (kipriklarini unutmay), qoshlari haqida (qanday oʻrnashganini sharhlab, goh yoyga oʻxshatib, goh “qilichlardirki” deb) ming-minglab baytu gʻazal yozganlar. Ular albatta, mahliyo boʻlganlar va bu mahliyolikdan Ayolning Xayoliy Yuksak bir tasviri shakllangan. Ayol deganda shu tasvir koʻz oldiga keladi.

Biroq dunyoda Bu Tasvirni umrida tasavvur qilolmagan, shoirona fikrdan uzoq yigitlar-erkaklar ham topiladi. Ayol fe’l-atvorini, koʻnglini ba’zan tushunmaslik, Ayolni kamsitish, Ayolga ogʻir ishlar buyurib, qiynalgani, xoʻrlanganiga chetdan loqayd qarab turish — bu bema’niliklar Oʻsha Tasvirni koʻrmaganlik va insoniy tuygʻular dagʻallashib ketganligini payqamaganlik belgisidir. Ehtimolki, qalbda muhabbatning oʻzi yoʻqligi belgisidir.

Husanning doʻsti, ikki marta uylanib oilada rohat-farogʻatga erishmagan Qurbon domla bunga misol. U koʻpincha:
— Shoirlar yozgani faqat ramzdan iborat. Ayolni farishtaga, pariga oʻxshatish uydirma, xolos! — deydi.

(Aslida, Marat bobo ham shunaqamikan?)

Husan esa talabalik yillaridayoq Shoirani uchratib, Shoir boʻlib sevgan va yillar oʻtib, oʻsha oʻt yolqini hamon koʻksida saqlangan edi. Oʻshlari ulgʻayib keksalik ostonasiga qadam qoʻyishgan boʻlsa-da, u oshiq yigitdek hozir ham xotinini koʻrkam, barno deb bilar, rashk qilardi. Shu boisdan, opalarim borsa boribdi-da, Shoirani togʻdagi qaysidir qishloqqa, begona kishilar uyiga yuborib nima qilardim, deb oʻzi-oʻzidan norozilanayotgan edi.

Oʻmgʻir endi yerni qimchilamoqda.

Shamol koʻchayib nola chekmoqda.

Bir oz chalgʻimasa uxlayolmasligini his etib, oʻrnidan turdi.

Choy qoʻydi. Bosim ikki piyola ichdi.

Bu kun roʻy bergan voqealarga aralash holda butun hayotini eslashiga toʻgʻri kelganidan, shu damda u istab-istamasin, yana xayol kapalagi bolalik gulzoriga borib qoʻndi.

Bolalik kunlarini baxt deb bilish qanchalik havoyi boʻlmasin, bu tushunchada baribir jon bor. Bola alam va zulmning alam va zulm ekanligini anglamagani uchun ham, oʻz yoʻlida yugurib boraveradi. Unga hayotdagi yaxshi va yomon hodisalar tabiiy boʻlib koʻrinadi. Deylik, Husan bolalikda biron payt oʻzini baxtsiz sezmagan. Hozir ham bolaligim baxtsiz kechgan, deb oʻylamaydi.

Amalda ahvol qanday edi?

Husan eslaydi: ota Ismoil Xoʻja ma’muriy bir idorada xat saralaydigan kichik xizmatchi, olgan maoshi oydan-oyga yetmas edi. Oyning oxirida oʻtadigan kun quruq non bilan choyga qolardi. Boshqa payt ham yeganlari yovgʻon, atala, piyova. Ona Bokira bonu topgan-tutganini bolalarni kiyintirishga ketkizardi. Uning qiziq bir gapi boʻlardi: “Yegan-ichganingni birov bilmaydi. Egningga hamma qaraydi!” Lekin oila ahil. Ularning uyidan koʻchaga gap chiqmas edi. Bitta mayizni qirqqa boʻlib yeyishardi.

Opalardan biri yettinchi, ikkinchisi toʻrtinchi sinfdan oʻqishni toʻxtatgan. Egizaklarni esa avvaldan maktab “quchoq ochib” qarshilamagandi.

Boshlangʻich sinf muallimasi ularga yuzlashganidayoq rangi oʻzgarib (keyin bilsa, uning oʻzi hayotda baxtsiz, tirnoq koʻrmagan ekan), bulardan bittasi boshqa maktabda, jilla qursa boshqa sinfda oʻqisin, menga ogʻirlik qiladi, deb turib oldi. Ota-ona norozilanib, direktor aralashgach, Hasan-Husanga oʻchakishib qoldi. U oʻz qat’iyatini koʻrsatgisi kelib, dars boshlanishi bilan, egizaklardan birini (takdirning nomardligi, bu asosan, Husan, deb tushunamiz!) sinfdan haydab chiqarar, yonidagi jildni roʻyi-rost derazadan koʻchaga uloqtirar edi. Bola bechora, qizchasi injiqligini koʻtargan otadek, tanaffus payti indamay qaytib sinfga kirar, yangidan “jang” boshlanardi.

Asabiy, badjahl muallima ularni qiynayotganini bilgan sinfdoshlar aksincha, Hasan-Husanga shunday mehribonlik koʻrsatishgan ediki, Husan hozirgacha buni ta’sirlanib, minnatdor boʻlib eslardi.

Mana, endi, uzoq yillardan soʻng, muallima koʻrsin! Soxt-sumbati, yuz-koʻzidagi ifoda bilan ham, yurish-turish mashqi bilan ham Hasan Husanga, Husan Hasanga oʻxshamaydi. Jonkuyar tarbiyachi ularni koʻrsa, kim bilsin, oʻzini murodiga yetgan sanarmidi?

Bolalikda bir olmaning ikki pallasi boʻlgan Hasan va Husan bu kun biri-birining holidan butkul xabardor, dardi-dilini oʻqib boradi deyolmaysiz. Qarang! Hasan bilan oʻgʻli Vorisning munosabati oldin qanday edi? Hozir qanday? Husanga qorongʻi! Otaning maqsadi nima-yu, bolaning maqsadi nima? Buni bilmay turib, bir ish qilolmaysan. Ota va oʻgʻil, ona va qiz, er va xotin, opa va singil, aka va uka (egizaklarni qoʻyavering!) bora-bora, sezmay yotlashib, uzoqlashib ketishi fojia emasmi? Oʻlgʻizlik azobi shundan boshlanmaydimi?

Husan qaytib oʻringa choʻzilib, uyqu kelishiga umidlandi.

Uyga qadam bosganidan buyon u, uzuq-yuluq har narsani oʻylab, chalgʻishga urinayotgan edi. Betartib xayollar ortida boʻlak bir manzara — oq kiygan gavdali kishi va himoyasiz bola uning koʻz oldidan ketmagan edi. Husan dam sayin yangidan dahshat tuyib, yuragiga gʻulgʻula tushmoqda edi.

Insoniyat igna koʻzidan tuya oʻtadigan taraqqiyot darajasiga, fanda, madaniyatda kamolotga yetgani holda, ming yil burungidek jaholat, yovuzlik hukm surgan Bu Dunyoda, aql yuzasidan qaraganda, katta kishi koʻchada murgʻak bolani tutib urgani — oddiy, kichik bir voqea, xolos. Lekin aql — faylasuf boʻlsa, tuygʻu — haqiqatparast. Aql chekinishga undasa, tuygʻu oʻzingni oqlashga mone’lik koʻrsatadi! Husanni koʻksida uygʻongan vijdon qiynogʻi kabi holat oʻrtayotgan edi.

Bir qarasa, odam — moʻrt narsa. Jon — kirib chiqqan shunchaki nafas.

Yana bir qarasa, odamning boshi — toshdan, jismi — temirdan qattiq. Qirq yil qiron kelsa, ajali yetgan oʻladi.

Husan tasavvur qildi:

Bola yotib qolsa-da, oʻnglanadi. Oʻlmaydi! Bir kuni voyaga yetadi. Oʻshanda barcha odamlarni oq kiygan gavdali kishi deb biladi. Barchaga nafrat-adovat bilan qaraydi. Duch kelgan birovga tashlanadi. Qoʻlida tigʻ yoki toʻpponcha!

Husan yana tasavvur qildi:

Gavdali kishi masalan, avvaldan oʻgʻrilik qilgan bolani jazolamadi! Egri yoʻlga kirgan bola baribir, jinoyatchi boʻlib oʻsadi. Aksincha, vaqtida hech kim yoʻlini toʻsib saboq bermagani unga goʻyoki qanot bagʻishlaydi.

Ikkala holatda ham bola jinoyatchiga aylanar ekan, nima qilish kerak?

Dunyoda toki hamma yerda ezgu tarbiya va toʻgʻri yoʻldan borishga sharoit yaratilmagunicha, jinoyatchi boʻlsa-da, ushoq norasidani qoralashga til bormaydi!

Oʻmgʻir, shamol tingan edi.

Bulut tarqab, uyga oy nuri tushdi.

* * *

— Hamma qiroatxonada toʻplaninglar!

Uydagi eshikka urushdan keyingi yillardagi singari radio karnayi oʻrnatilgan.

E’lon radiodan oldin berildiyu keyin qoʻshiqlarga oʻtildimi yoki qoʻshiqlar oldin yangrab, keyin e’longa navbat yetdimi? Husan anglayolmadi.

Eshik qulfini tuzatmoqchi, derazaga oyna oʻrnatmoqchi edi. Joʻmrakdan ham zanglagan suv oqib yotibdi. Tuzatish kerak.

Bular mayli. Har gal yomgʻir yogʻganida tomdan chakka oʻtadi. Toʻrt qavatli imoratning toʻrtinchi qavati yomon ekan!

Husan eringanidan, dastlab joʻmrakka yaqinlashdi. Sekin buragan edi, joʻmrak qolib, radio “til”ga kirdi.

E’lonni oʻqigan — taniqli biron suxandon emas, mahalla suxandoni ham emas... negadir bu Marat boboning ovozi edi!

Mahalla deb atalsa-da, ularning joyi eski shahardagidan farq qiladi. Gugurt qutisidek bir xilda koʻp qavatli qator binolar qurilgan. Marat bobo toʻymi-marosimmi, goh eshik taqillatib, goh koʻchada turganicha derazaga qarab ahli jamoani chaqiradi. Bu gal radio orqali xabar qilayotganga oʻxshaydi.

Husan darhol koʻchaga yoʻl oldi. Qoʻshiqlar-chi?

Uning yurakdan yoqtirgan qoʻshiqlari besh-oʻnta.

Karim Zokiru oʻgʻli Botir akaning bir-ikki qoʻshigʻi. Halima opaning xalq yoʻlidagi sochmalari. Ma’murjon aka, Ma’ruf xoʻja Bahodir... Tavakkal ijrosida “Fasli navbahor oʻldi, oʻtibon zimistonlar” deb boshlangan qoʻshiq. Sattor Yarash...

Shu kuni u Alisher Navoiy gʻazaliga bogʻlangan ikki qoʻshiqni ijro etdi. Husan oʻzini shunday baxtiyor sezdiki! Ajib hasrat ham tuydi. Boshini ostonaga qoʻyib yigʻlab, jon taslim etishga tayyor edi.

Qilmadi yodimni hargiz

bir pari ruxsora ham...

E’londan oldinmi-keyin berilgan qoʻshiqlardan Husan qisqasi, yoqavayron boʻlib koʻchaga chiqib ketganini sezmay qoldi.

Bu joy — shahar etagi.

Qiroatxona — uylardan ham chetda.

Ikki orada — yolgʻizoyoq yoʻl.

Atrof boʻm-boʻsh.

Husan bosh egib, yer chizib borar edi.

Mahalla-atrofdagilar majlismi, biron munosabat bormi, ba’zan qiroatxonada toʻplanishardi. Qiroatxona — tashlandiq, xarob. Lekin birov bunga ahamiyat bermasdi. Yigʻilib gaplashsa, bir ish hal boʻladigandek, toʻyga-marosimga chiqqan singari hamma birin-ketin boraverardi.

Bugun odamlarni nega chaqirishdi? Noma’lum! Husanni bu qiziqtirmayotgan ham edi. Marat bobo radiodan da’vat qilmasa, balki uydan chiqmasdi.

Uzoqdan qiroatxonaning qorasi koʻzga tashlanganida, u Sattor Yarashning qoʻshigʻini oʻzicha mingʻirlab borardi:

Qilmadi yodimni hargiz

bir pari ruxsora ham...

Shu payt mushtdek bir bola uning yonidan shaytonvachchadek zip etib oʻtib ketdi.

Husan bola qachon yoʻlda paydo boʻlganini payqamagani ustiga, bolaning afti-angorini yaxshiroq koʻrishga ulgurmadi. Bola qiroatxonaning ochiq eshigiga yoʻnalib, koʻzdan gʻoyib boʻldi. Husanning xayolidan negadir, xayriyat, tirik ekan, degan gap oʻtdi.

U qiroatxona eshigiga yetib keldi.

Binoga kirdi.

Bino nimqorongʻi. Rutubatli.

Baland gumbaz ostidagi qalin devorlar turli zamonlarda oʻtgan fir’avnlarning rasmlari bilan bezalgan. Ular qiroatxonaga hasham bergandek.

Qator terilgan kursilardan rayosat egallaydigan oʻringacha band. Ammo tanish biron katta kishi koʻrinmaydi. Hammasi bolalar.

Husan qiroatxona derazalari tomon qaradi.

Derazalardan biri ortida, koʻchada ruhoniylardek uzun rido kiygan Marat bobo. Qoʻlida tilla tayoq, suyanib turibdi.

Uning yonida hali yoʻlda koʻringan bola bilan Hasan.

Birov Husanni qoʻltigʻidan tutdi. Qarasa, Oʻmonqul.
— Bu yerda sizga nima bor, ustoz! — Oʻmonqulning egnida janda, boshida kuloh. Lekin qoʻynidan shisha chiqardi. — Oxirigacha olasiz...

Husan shogirdi qoʻlidan yulqinib chiqib, shoshganicha qaytib oʻzini yolgʻizoyoq yoʻlga urdi. Ayni soniyada qiroatxona tomonda kimdir Sattor Yarash qoʻshiqlarini aytayotgan edi:

Qilmadi yodimni hargiz

bir pari ruxsora ham...

Husanning koʻngli buzildi.

U koʻksi chok boʻlib faryod chekishga tushdi va ...

birdan uygʻondi.

8

Husan bilan bilim dargohi eshigida uchrashgan Hasan — mashina Navoiyga qarab yoʻl olgach, koʻzlarini horgʻin yumdi.

U Toshkentga mashinani oldinroq yuborib, oʻzi samolyotda uchib kelgan edi. Bunday ish tutganiyu mashinada qaytayotganiga esa sabab: yoʻl ustida Guliston, Jizzax, Samarqandda birrov toʻxtab hamkorlik boʻyicha ba’zi bir shartnomalarga imzo chekishi kerak.

Uni televideniye suhbatga taklif qilgandi. Agar, shunaqa istak bildirilgan, deyilmasa va Vorisdan ham tashvishlanayotgan boʻlmasa, ehtimolki, kelmasdi. Nari borganda, viloyatdagi oynai jahon orqali “tayyor surat”ini yuborib qoʻya qolardi.

Suhbat sayozroq, yuzakiroq oʻtgandek boʻldi. Saroydek haybatli xonada qator stollar. Dasturxon yozilgan, birov bu yerga tamaddi qilgani kelmagani ayon ekanligiga qaramay, turfa noz-ne’matlar “toʻkib tashlangan”, toʻplanganlar doira shaklida stollar atrofidan joy olishgan edi. Bular har biri korxona rahbarimi, mashhur paxtakormi, boshqaruvchimi — nom qozongan, obroʻli kishi. Ammo rostmi-yolgʻonmi hisobchilar kabi raqam keltirib, barcha tutilib-qiynalib, zerikarli bir gaplarni aytish yoki qogʻozdan oʻqib berishga urinar edi. Hasan ham... Xudo bandaga ikki narsadan birini — yo soʻz, yo mehnatni berar ekan! Ana, egizaklardan Husan — soʻz kishisi, Hasan — faoliyat. Albatta, ikkisini ham eplaganlar topiladi. Lekin bu mustasno.

U Toshkentga kelishi bilan Vorisni uchratishga umidlangandi. Nazarida, oʻgʻli naq roʻparasidan chiqadigandek edi. Husanga dardini yorib vazifa yuklashdan boʻlak natijaga erisholmadi. Bundan ham endi koʻngli toʻlmay borar edi.

Hasan poytaxt shaharni necha bora changitgan. Shunday boʻlsa-da, bu yerdagi hayotga oʻrganmagan. Koʻnikolmagan. Viloyat vakiliga xos belgilar — ayovsiz mehnat va bunga qorishiq begʻam-beparvo holatni yoʻqotolmagan.

Uning shu kungacha umri asosan, chop-chop, yugur-yugur bilan oʻtdi. Tengdoshlariga nisbatan kechroq, moʻylabi sabza urganda emas, iyagi qorayganda uylangan. Yana, farzand koʻrishsa-da, birinchi oilada turmushi unmagan. Ikkinchi xotinidan bolalari ancha yosh. Buni bilib, oʻzini doim bardam tutishga harakat qilardi. Ammo ulgʻayib, kundan-kun uyquga toʻymayotganmi, shiddatlanishga kuchi yetmayotganmi — ogʻir yukli aravani tortgan otdek, lanj bir holatni sezar edi.

Bir oz mudramoqchi edi. Oyogʻi ogʻrib, koʻzlarini ochdi.

Mashina Toshkentni orqada qoldirib, Yangiyoʻlga yaqinlashmoqda.

Kun yorugʻ. Atrof yam-yashil.

Bexosdan sanchib ogʻriy boshlagan oyoqlarini siypab, osmonga, charaqlab turgan quyoshga qaradi.

Shu dam otasi Ismoil Xoʻja yodiga tushdi.

Ismoil Xoʻjaning ham oyoq ogʻrigʻi bor edi.

U dahlizda oyoqlarini toshnovga uzatib, oftobga tutib oʻtirardi.

Hasanning qoʻliga ba’zan kichik bir shishada ilonmi-ark moyini berib, surkashini soʻrardi.

Hasan ogʻrinmay xizmatni bajarardi.

Ota duo qilardi.

Bolalikda shoʻxlik, notinchlik unga (balki, birodari Husanga ham) yot emasdi. Biroq roʻzgʻor — gʻor boʻlgan sharoitda muttasil unga qanot yozolmayotgandek tuyulib, oʻzini yuragi tars yorilayotgandek sezar edi. Oʻzi va oila uchun foydali bir ish qilgisi kelar edi.

Goh-goh eslaydi...

“Bir qism quruqlik, qolgan uch qism suv”, degan gapni kitobda oʻqigan. Hali biron payt daryo yoki dengiz boʻyiga bormagan, buyuk ummonlarni koʻrmagan. Oʻvvoyi-xarsang toshlarni oralab bagʻridan pastga suv otilayotgan yuksak togʻlarni tasavvur ham qilmas, sharqiragan oppoq shalola nima, bilmas edi.

Uning sahro, tuya rasmiga kitobda koʻzi tushgan. Bepoyon qumlik, haftalab-oylab suv ichmay tomiri tortib, tashnalikdan tars yorilgan taqir yerlar, loladek gullagan va qurib sap-sargʻayib dagʻallashgan yantoqni, yavshanni, kovgarni hali koʻz oldiga keltirolmas edi. Lekin bir qarichligidan u suvga talpinardi.

Koʻpincha uyda, togʻorada choʻmilib oʻtirishni yoqtirardi.

Opalari Mavluda va Mavjuda unga baliqmisan deb tirgʻalishar, birodari Husan esa hiringlab kular edi.

Bir gal qishloqdan kelgan allaqaysi qarindoshlarga “yopishib” oldi. Qishloqda suv boʻlishini bilar edi.

Ajabki, yoʻlda ham, qishloqqa kirib borgandan soʻng ham na toʻplangan suv, na oqar suvni koʻrdi.

Na koʻl. Na hovuz.

Buxoroda eskidan suv tanqis, har tomchi ba’zan tillaga teng ekanligidan bexabar edi.

Hovlida zerikib qolib, negadir ikki qoʻli orqada, tashvishlanib turgan qariyaga yuzlandi.
— Bobo! — dedi. — Men choʻmilaman!
— Dahlizga kiring. Bir ogʻiz gapingiz, bolam, — dedi tappi yoqayotgan kampir cholning oʻrnida. — Hozir suv isitib beraman.
— Yoʻq, men boshqa... Dalada! — dedi Hasan.

Qariya koʻpni koʻrgan edi, uning koʻnglini fahmladi.
— Yuring-chi, oʻgʻlim, — dedi.

Dalani oralagan, suvi tizza boʻyi keladigan ariq yoniga boshlab bordi:
— Qani, yechinib bir kalla tashlang-chi!

Hasan yechinib suvga tushdi.

Mana, endi u dasht-sahrolar, dengiz-ummonlar, yuksak togʻlarni ming bora koʻrgan. Biroq oʻzini aksar hamon togʻorada oʻtirgan yoki loyqa suvga “kalla tashlagan”dek sezadi. Katta bir ishlar qilmoqchi boʻlganu hayotda bunga erisholmagandek kayfiyat uni tark etmaydi.

Yana bir, aslida muhim ham emas, oʻtkinchi, arzimas voqea ahyon-ahyon yarq etib koʻzi oʻngida jonlanadi.

Qurbonmi-ramazon hayiti kuni saharlab Hasan birodari Husan bilan qarindoshlardan (otasining xolasimi, ammasi) keksa bir ayolning uyiga tabriklagani borishdi. Ayol — uyi devorlarida choʻgʻdek gilamlar osilgan, qator tokchalarda qirmizi laganlar, choynak-piyolalar terilgan, kumush va oltin qoplamali sandiqlar toʻrdan joy olgan — ilk qarashdayoq boy-badavlat edi. Urush, keyingi mashaqqatli yillarda u harholda “sinmagan” edi. Buxoroda oʻsha paytlar hayit, bayram kunlari soʻroqlab kelgan bolalarga pulmi, sovgʻami berish rasmiga rioya qilinardi. Ayolning ham aftidan, marhamat koʻrsatgisi keldi, qoʻliga uch soʻmlik pul oldi-yu, bu pulga birov ot-tuya bermasa-da, qizgʻanib-ikkilandi. Bir soʻmni oʻzida qoldirishga qaror qilgandek edi. Hasan-Husanni uch-toʻrt qoʻshni eshikka boshlab bordi, ammo mayda pul topilmadi. Orqaga qaytib, ayol astoydil kiyindi, koʻchama-koʻcha yurib, uchragan odamni toʻxtatgancha, pulni maydalashni soʻrashga tushdi. Hasan va Husan xijolat chekib, keragi yoʻq, deyishganiga qaramay, qarindosh ularni na qoʻyib yuborar, na uch soʻmlikdan voz kechardi. Axiyri, bozorgacha yetib borishdi. Bozorda kampir pulni maydalab, ularga bir soʻmdan berdi. Qolgan bir soʻmni avaylab choʻntagiga solganicha, uyiga qaytib ketdi.

Mana, endi Hasan “garillab yurgan” ancha-muncha kishidan boyroq (qarindosh ayolga oʻxshaganlardan yuztasini “sotib olish”ga qurbi yetadi). Unga bolalikda, boyagi ayolning ishi sal kulgili, sal ayanch boʻlib tuyulgan edi. Hozir esa bu ishga boshqacha qaraydi. Bir soʻmga bir soʻm qoʻshilmasa, odam boy boʻlolmaydi! Qoʻliga kirgan boylikni koʻkka sovurgan qancha boyvachchalar xor, zabun holga tushmagan! Tarixda misol koʻp!

U ogʻriyotgan oyoqlarini siypab, quyosh nuriga choʻmgan dalalarga tikilganicha, xayol surib borayotgan, televizorda chiqqanim arzon, Vorisni ham topib-olib ketmayapman, demak bu safarimda ortiqcha xarj-xarajatdan boʻlak hech narsaga erishmadim, deb oʻylayotgan edi.

* * *

Hasan mashinada yaqin orada buncha uzoq yoʻl bosmagan edi.

Oldinlar tun-kun yursa-da, toliqmas, yoʻlning mashaqqat ekanligini sezmasdi.

Uni, endigi ahvolini bilish, kuch-gʻayratini sinash uchun hayotning oʻzi bu yoʻlga boshladimikan?

Aslida, yoʻl yangi, ravon. Ogʻrinmay ketaverish kerak.

Gulistonda uzoq toʻxtamadi. Bir piyola choy ichdi, xolos.

Jizzaxda ham tutilmoqchi emasdi. Lekin ertalabdan dasturxon yozib kutishayotgan ekan. Bundan tashqari, joni ozgina orom tilayotgan edi.

Ora-orada oyoq ogʻrigʻi bosilib, keyin yana avj olardi.

Mashina Jizzaxdan uzoqlashib Samarqandga yaqin qolganida:
— Abumuslim! Sen bu yoqqa oʻt, — deb haydovchini nari surib, oʻrnini egalladi. Oʻzini chalgʻitib, ogʻriqni unutmoqchi edi.

Haydovchidan yolchish — er xotindan, xotin erdan yolchigandek gap.

Hasanni roppa-rosa yigirma yil Abdulla aka degan haydovchi olib yurgan edi. Aqlli, mehnatkash, toza-ozoda bu odamga Hasan oʻziga ishongandek ishonardi. Abumuslim ham boʻynidagi vazifani toʻgʻri bajarib kelayotgan yigit. Ammo atrofga qiziqib qaragani bilan, sezgir emas. Yuz-koʻzingdan darhol ma’no uqmaydi.

Hasan oʻz hayoti toʻgʻrisida soʻzlash, oʻz ahvolini har kimga bayon etishni yoqtirmaydi. Oʻzlik — qoʻrgʻon, deb tushunardi. Hatto bu kun birodari Husanga sir ochgani — kam yuz beradigan hol! Bolalik, yoshlikdan u yelkasiga tushgan yuk qanchalik ogʻir boʻlmasin, bukilmay turishga, ingranmay-ogʻrinmay ish tutishga oʻrgangan.

Ana, hozir ham dard oldida ojiz kelmaslik uchun, ot surgan chavandozdek, mashinani boshqarishga tushdi.

Mansab, mulk-davlat egallab toʻkin-farovon yashashga erishgunicha, Hasan ne-ne toʻsiqlarni yorib oʻtgan! Eng avval, qoʻli qisqalik (kambagʻallik)dan, katta bir ishlar qilishga imkon topolmaslik — nochorlik, noilojlik toʻsigʻi! Soʻng, seni oʻz gʻarib kulbangda ham bir narsani erkin oʻylash, bir ishni moʻljallab erkin harakat qilishga qoʻymagan — toʻralar qurgan toʻsiq! Yana, ter toʻkib qoʻlga kiritgan naqdinani toʻrt tomondan tortgan-talagan, yulib-yulqigan yuho olgʻirlar... Nihoyat, gʻayrlik-gʻaraz!

Biroq Hasan bolalik, yoshlik yillaridayoq albatta oyoqqa turaman, deb ont ichgan...

Va oyoqqa turgan edi!

Uning uchun hayot — harakat.

U — hamon toʻsiqlarni yengayotgan kishi.

Faqat dastlab oila qurganida duch kelgan toʻsiqni yengolmaganidan hamon joni azob iskanjasida. Nima qilishini bilmay sarosimalanadi.

Hasan Labihovuzdagi bir doʻkonda Qurbonoy bilan tanishgan edi. Nimaningdir ustida bahslashib xafalashishdi. Lekin oʻn-oʻn besh kundan keyin, koʻchada tasodifan yuzlashib qolib, negadir Qurbonoy salom berdi, Hasan alik oldi. Ilk uchrashishdagi bahsu mujodalani paqqos unutgandek, ikkovi biri-biriga qadrdonlik bildirdi. Keyin, Labihovuzda yana uchrashishdi... Oʻshanda yangi shahar endi qurila boshlagan, Namozgohdan nari yogʻi dala edi. Eski Buxoroning ensiz koʻchalarida esa yigit-qizlar bot-bot yuzma-yuz kelishi oddiy holat, ayniqsa Labihovuz — saylgoh, yoshlar boʻsh paytlarda koʻpincha bu yerda aylanib yurishardi.

Ular koʻrisha boshlashdi.

Hasanni ota-ona uylanishga qistayotgan edi.

Hasan uylandi.

Qurbonoy ovqat pishirishga usta, erta-kech kir yuvish, uyni oynadek tutishda yakto chiqdi. Ona-Bokira bonuning pinjiga kirdi-qoʻydi. Bilimli, kitobxon, jahon madaniyatidan voqif ekanligi bilan ham, qaynonasini “bu qiz yoshligim, oʻzim” deydigan koʻyga soldi. Chamasi, Ismoil Xoʻja ham kelindan rozi edi. Ammo koʻp oʻtmay, Hasan oʻsha, ilk uchrashishdagi bahsu mujodaladan kerakli xulosaga kelmay adashganini seza boshladi. U bir kunlar, hali bolalikmi-oʻsmirlik payti uydagi beozor gap-soʻzlardan volidasi (Bokira bonu)ning vaqtida koʻngli Ismoil Xoʻjada emas, amaki Ibrohimda boʻlgani-yu, qismat boshqacha shakllanganini bilib olgan, hayotda shunaqa ishlar ham uchrab turishiga ajablangan edi. Ismoil Xoʻja moʻmin, tabiatan shikasta ekanligidan, oʻzini bunday gap-soʻzlarga ahamiyat bermagandek tutar, uni akasining yoʻqolgani qaygʻusi koʻproq ezar edi. Hasan — Ismoil Xoʻja emas (garchi unga farzand boʻlsa hamki)... Xullas, Bokira bonu uyda, oilada jilovni qoʻlga olib qanday hukmfarmolik qilayotgan boʻlsa, Qurbonoy ham birinchi kundan shunday yoʻl tuta boshlagan edi. Unga biron e’tiroz bildirish, qat’iy biron koʻrsatma berish mumkin emasdi. Oʻz bilimi, aqlini namoyish qilishga tushardi. Birov uni kamsitishidan qoʻrqqandek, bahslashaverardi. Bu dunyoda er-xotinlikning ming yillik yozilmagan qonunlari borligini tushunmas, tiriklik goh murosasizlik, goh murosasozlikdan iborat ekanligini bilmas edi.

Uch yil deganda “ikki tomon”ning ham sabr kosasi toʻldi,

Hasan Qurboyni yaxshi koʻrmaydi, deb boʻlmasdi.

Yaxshi koʻrardi.

Biroq buni “unutdi”.

Ota-onasining rizoligiga ham qaramadi.

Kishanni uzmasa boʻlmasligini his etdi.

Uzdi.

U ajralsam, tamom, deb oʻylagan edi.

Bu — boshlanishi ekan.

Avvalo, orada guldek farzand — Voris bor edi.

Yana, oʻzi “turmushda uquvsiz” deb bilgan holda “tashlab ketgan” Qurbonoy oldida javobgarlik bor edi.

Bulardan boʻlak, koʻngil shishasi bir karra singan, hayot jomi zardobga toʻlgan edi.

Oʻsha mahallar Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi uzoq tumanlar ajratilib, Navoiy viloyati barpo etildi. Koʻpdan buyon Gazliga qatnab ishlayotgan Hasanni yangi viloyatga taklif qilishdi. U eski Karminaga tutash, kundan-kun markaz turqini olayotgan Navoiy shahriga koʻchib keldi.

Hasan bu yerda obroʻ, mavqe topa boshladi. Ma’lum muddat oʻtib, Norgul degan qizga uylandi. Norgul unga bir qiz, bir oʻgʻil tugʻib berdi. Lekin bu farzandlarga boʻlgan mehr uning Vorisga nisbatan otalik mehrini soʻndirgani yoki kamaytirgani yoʻq.

U oldinlar Gazli va Buxoro orasida qatnardi.

Endi Navoiy va Buxoro orasida andarmon boʻldi.

Umr shamol ekan!

Bokira bonu, unga ergashib Ismoil Xoʻja — aziz padar va munis volida dunyoni tark etishdi.

Buxoroda Hasanning opalari, Qurbonoy va Voris qolgan edi. Hasan hamon ikki oʻrtada boʻzchining mokisidek qatnardi.

Qurbonoy-chi? Qanday yashayotgan edi?

U ikki marta er qildi. Baribir turmushi unmadi.

Ahvol alamli, gohida nafratli edi. Hasan e’tibor bermay, ona-bola bilan koʻrishib yurdi.

Qurbonoyning ruxsati bilan, oyda-yilda boʻlsa-da, Vorisni Navoiyga olib bordi. Yangi oilasi bilan “tanishtirib, oshno qilish”ga urindi. Bola otasiz oʻsayotgani jabrini imkon qadar “engillatish”ga jonini tikdi.

Yana yillar oʻtdi.

Voris ulgʻaydi. Uylanadigan yoshga ham yetdi.

Tezroq uylansa, boʻyniga xurjun osilib, oʻzi-oʻzidan tinchirmidi?

Kutilmaganda Qurbonoy dunyoga etak silkidi.

Hasan ana shunda, ikki oʻrtadagi butun ziddiyat, mojarolarga qaramay, bu Ayol oʻziga qadrli ekanligini, bir umr uni yaxshi koʻrganligini sezdi. Chindan bilimli, aqlli Qurbonoydan koʻp narsa oʻrgangani, undan koʻnglida minnatdor ekanligini ham sezdi.

Oʻ Parvardigor! Dunyoning bebaqoligidan achchiq-achchiq yigʻladi.

Voris uyda yolgʻiz qoldi.

Kap-katta yigit! Lekin Hasan bir yerda boʻlaylik, deb oʻgʻlini uyni sotib Navoiyga kelishga undadi.

Shu palladan ota-bola orasidagi munosabatda goh-goh gʻisht qolipdan koʻcha boshladi...

Haydovchi oʻrnida mashinani haydab borayotgan Hasan bayonsiz bir azob tuymoqda edi.

* * *

Kun qaytgan. Osmonni bulut qoplagan.

Mashina Samarqandga kirib bordi.

Hasan bu yerda ham Guliston, Jizzaxdagi kabi hamkor ogʻaynilar bilan suhbatlashib, shartnomalarga imzo chekkanida allaqachon qorongʻi tushgan edi. Koʻp oʻtmay, shamol toʻzon koʻtarib, yomgʻir boshlandi. Hasan bir piyola choy ichib-ichmay, tez qoʻzgʻoldi.
— Boshqa gal. Shoshayapman, — dedi.
— Hech boʻlmasa, yomgʻir tinsin.
— Bahor yomgʻiri! Kesakmidik, erisak!

U mashina yoniga kelib, Abumuslim orqa oʻrindiqqa tashlab qoʻyilgan bolishni pinjiga olib, dong uxlab yotganini koʻrdi.

Hasanning oʻrnida har qanday boshliq haydovchini uygʻotib, tur, ketdik, der, gap tamom, vassalom edi. Ammo Hasan uni kuzatgan mezbonlar oldida bir tomondan haydovchining fahmi kamligidan xijolat chekib, ikkinchi tomondan qoʻpollik qilishga uyaldi. Yana haydovchining oʻrnini egallab, mashinani surdi.

Samarqanddan katta yoʻlga chiqqanda bemalol toʻxtab Abumuslimni “turtib qoʻyish” mumkin edi. Hatto har qanday boshliqqa oʻxshab endi maromida “tuzlash” ham mumkin edi. Ayniqsa, hozir nam oʻtibmi, oyoqlarida majol qurigan, ortiq “haydovchilik” qilishi zulmga aylana boshlagan edi... Biroq shunchaki qayrilib qarab, shu damda negadir yonida yotgan Abumuslim uning koʻziga Voris boʻlib koʻrindi. Charchagandir, yotsin!

Shamol girdibod urib, yomgʻir chelaklab quya boshladi.

Hasan oldindan mashina haydab yurgan. Yoʻldan choʻchimaydi. Bu yogʻi yaqin. Bir soatdan koʻproq vaqt ichida Navoiyga kirib boriladi... Shunga ham ota goʻri qozixonami?

Yoʻlda mashinani haydab ketayotib (yonidagi Abumuslimmi? Vorismi?) qayta-qayta, oʻzi-oʻziga rahmi kelib, yoshlar shafqatsiz, mening holimga Voris ozgina tushunsaydi, deb oʻyladi. Keyin, qayta-qayta, oʻzi-oʻzini beparvolikda ayblab, aksincha Vorisga rahmi kela boshladi. Bolam qayerda, qanday yurgan ekan, degan xayolga bordi. Unga bu kun qoʻzgʻalgan jonidagi ogʻriq oʻgʻli bilan uchrasholmagani natijasi boʻlib tuyuldi.

Haligina Samarqandda mashinadan tushib oʻktam, tars-turs yurgan Hasan endi bora-bora oyoqlari bormi-yoʻqligini sezmayotgan edi.

Nima boʻlganu nima boʻlayotganini tushunmayotganidan, uni badtar gʻussa chulgʻadi.

Oʻnidagi Vorismi yoki Abumuslimmi, endi batamom ajratolmayotgan edi.

Bunisi mayli. Hozir u goʻyoki mashinada emas, piyoda, tizzasigacha qumga botib, sahro kechib borayapti. Bir tepalikdan shuvillab qum koʻchayapti. Ana-mana, uni koʻmib tashlashi mumkin.

Yana, nazarida, birodari Husan (Toshkentda emas!) oftob lovullagan sahrodami, zulmatli-yomgʻirli shu yoʻldami, toʻrt tomon yugurib Vorisni va nechundir... uni —

Hasanni qidirayapti.

Ular mashina ichida ekanini bilmaydimi?

Bir payt yomgʻir tinib, koʻkda oy yarqiraganini payqadi.

Shu asno...

bu nima edi? —

“lo havla va lo quvvata...” —

naq yoʻl ustida tutun orasida xumdan chiqqan devdek, qurumga qorilgan qop-qora, badbashara maxluq tirjayib turibdi.

Hasan hushini yigʻib olishga ulgurmadi.

Maxluq uzun tirnoqli panjalarini choʻzib, mashinani yoʻldan sirpantirib yubordi.

Mashina borib katta bir daraxtga manglayini urdi.

9

Uyqudan bexos uygʻonib ketgan Husan —

xuddi xarsang bir toshdek koʻksiga tegib turgan

tunni qiynalib surib tashlagan,

shundan koʻksi ogʻriyotgan edi.

Bu — kecha Oʻmonqul bilan “ulfatlashish”ning oqibati, deb oʻyladi.

Atrofga qarab, Shoira uyda emasligini esladi.

Xotinsiz nonushta qilging ham kelmaydi!

Roppa-rosa qirq besh kun burun chekishni “tashlagan”di. Hozir goh-goh boʻlganidek, chekish xumori tutdi. Lekin tuz totmay tamaki tutatib koʻchaga chiqish koni ziyon! Oʻrnidan turib, eringanicha choy qoʻydi.

Endi bir piyola choy ichmoqchi edi, eshik taqilladi.

Xumsondan Shoira bilan opalar barvaqt qaytib kelishibdi, deb oʻylab, suyunib eshikni ochdi.

Ostonada notanish uch kishi.

Na salom, na alik.

Oʻrtada novcharogʻi Husanga jinoyatchini tutgandek tikildi:
— Abdurahmonovmisiz?
— Nima edi?
— Elektrga nega toʻlamaysiz?
— Toʻlangan boʻlishi kerak, — deb gʻudrandi Husan.
— Qogʻozini koʻrsating!
— Men bu bilan shugʻullanmayman. Oilam... Uyda u yoʻq!
— Siz shugʻullanmaysiz? Nima uchun?
— Men bir ilm kishisi. Domla... — oʻzini oqlayotgandek boʻldi Husan.
— Gapni koʻpaytirmang, boboy. Menga ahamiyati yoʻq!
— Ey... — Husan xafa boʻlib ichkari kirib ketdi. Uyda bir oz pul (kecha Hasan bergan pulning bozordan ortgani) borligi esiga tushgan edi. Olib chiqib novchaga uzatdi.

Novcha qogʻoz yozib berdi.

Husan eshikni yopdi. Arzimagan ish boʻyicha yurgan yigitlarning bezbetligi, johilligidan ozorlangan edi. Shular ham oʻzbekmi? Qani, oʻzbekning kattaga hurmat, kichikka izzati? Oddiy odobi? U yigitlardan bir ranjisa, oʻzining tergovchiga yuzlangandek qisinib-ojizlanib turganidan, tabiatan kamtar, xokisor ekanligidan ikki norozilandi.

Yana u oʻyladi: “Kambagʻallik ayb emas”? Ayb! Kecha Oʻmonqul bu haqda toʻgʻri gapirgan ekan! Ayniqsa, olim, san’atkor — ziyoli kambagʻal boʻlganidan har kimning oldida oʻz holidan uyalib, tortinib turishga odatlanib qolmasligi kerak!

Uning “lanj”ligiga faqat kecha Oʻmonqulning qistovi bilan ichgani sabab emas. Bu kun ertalabdan jismi-jonida kechagi roʻy bergan voqealar asorati-yu, tunda koʻrgan tushi gʻubori sezilmoqda edi. “Oʻlganning ustiga tepgan” boʻlib yoʻlakdagi “suhbat” uni butkul ezib yuborgandi.

Kiyinib eshikka yoʻnaldi.

Shu payt telefon jiringladi.

Dastakni koʻtardi:
— Eshitaman.
— Husan! Yaxshimisan? Bu Ibod.

U bilan Ibod dorilfununda bir paytda oʻqishgan, yotoqxonada birga turishgan. Lekin anchadan buyon koʻrishishmagandi.
— Yaxshi. Rahmat. Oʻzing tinch yuribsanmi? — deb soʻrashdi Husan.
— Yuribmiz. Seni bugun bir koʻrmoqchi edim. Muhim gap bor.
— Bugun ilojim yoʻq. Jiyanim kasalxonada. Buxorodan opalarim kelgan.
— Zarur. Yarim soatga. Birga tushlik qilamiz. “Anhor”da kutaman.

Dastakni oʻrniga qoʻygandan soʻnggina, Husan Ibodning “yurfak”da oʻqigani, adliya sohasida ishlab, hozir bir yerda tergovchimi, advokatmi ekanligini esladi. Uning nima muhim gapi bor ekan?

Qirq yildan oshdi... Ular yotoqxonada tanishib qolishgan. Ularni doʻst yoki ogʻayni deyish qiyin. Qiziq joyi, oʻsha yillari ham, oʻqishni bitirib keyinchalik har xil davralarda yuzlashganda ham, Ibod Husanga nuqul mazax qilayotgandek ishshayib, bepisand qarab, hazillashgandek maza-bemaza gapirishga odatlangan edi. Men odamning darajasi bilan hisoblashaman, sen — kim boʻlma (olimmi, domlami), gʻarib bir shaxs, itning orqa oyogʻi! — sen bilan bundan yaxshiroq gaplasholmayman, mazmunida oʻzini qandaydir yuqori tutib kelar edi.

Ammo uch-toʻrt yil boʻldi, Ibod Navoiyga borgan ekan, Hasan bilan tanishibdi, hatto qadrdonlashibdi, shu-shu Husanga ham “mehri tushib” qoldi. Ba’zan boʻlsa-da, endi qoʻngʻiroq qilib Husanni yoʻqlar, ora-sira koʻrishib birga tushlik qilar, suhbatlashardi. Gohida oʻzining ba’zi bir ishlari boʻyicha unga goʻyoki maslahat ham solardi. Bunday paytlarda ismini atamay, luft koʻrsatib “nima deysiz, olim aka?” tarzida murojaat qilardi.

Husan eshikni qulflab, zinadan pastga tusha boshladi.

Orqadan uyda yana telefon jiringlagani eshitildi.

Bir iziga qaytgisi keldiyu ikkilanib, qoʻl siltadi. Bunisi hozir ortiqcha!

Uning yoshlikdan odati: vaqt juda ziq boʻlmasa, ulovga minmasdi. Yaqinmi-uzoqmi, poyi-piyoda ketaverardi. Ishga ham asosan, yayov qatnardi.

Yoʻlda ketayotib, Ibod toʻgʻrisidagi oʻy uni tark etmadi.

Eng avval: “muhim gap” nima ekan?

Keyin: umuman, Hasanni tanib Husanga nisbatan munosabat oʻzgargani hayotda doim uchrab turadigan holatmi yoki bu yerda “kosa tagida nimkosa”, u anglab yetmagan qandaydir ma’no yashirinmi?

Shu asno yashagan joyi (uyi), turmushida boʻlgan shart-sharoit Husanning koʻzi oldiga keldi... Bu nima jin urgan boshqarma ekanki, kamida oʻnta rahbar oy-yil oʻtmay almashindi. Lekin odamlar yashab kelayotgan uy biron payt songa kirgani yoʻq. Boshqarma (tashkilot) raqami boshlanishida 3 edi, soʻng 5 boʻldi, soʻng ularni koʻpaytirgandek — 15. Uyning koʻrinishi, holati esa oʻsha, gʻaribdan-gʻarib! Uy qurilgandan buyon binoning oʻzi mayli, yoʻlaklar ta’mirlab, tozalanmagan. Tomni ahyon-ahyon nonga holva yoki sariyogʻ surkagandek yamashadi. Butun devorlar oqargan, sargʻaygan. Tarnov yoʻqmi, nima balo, yuqori qavatdan pastgacha suv oqib yotadi.

Uy egalari oʻzi harakat qilishi kerak. Lekin oddiy odamlarda bunga imkon qayerda? Istiqomat qilayotganlar yarmi nafaqaga qarab yashaydi.

Husanga Shoira uchta qiz tugʻib berdi. Nasiba ekan, ikkisi boshqa viloyatlarga erga tegib ketdi. Biri Toshkentda, ota-onaning suyanchi. Biroq u ham oʻzidan ortmaydi.

Husan bu manzarani nega tasavvur qilayapti?

Darvoqe...

Ibod!

Hasandan Ibod nimadir manfaat koʻradi!

(Mushuk bekordan oftobga chiqmaydi!)

Hasan boshqa jigarlari qatori, Husanga ham goh-goh qarashadi. Shu bilan birga... Husan or qiladi! Sen, axir, xalqning koʻzi oldidagi odamsan! Birov tanimasa, birov taniydi!

U sharoit haqida hatto birodariga (oʻzi koʻrib turibdi-ku!) ochiq ogʻiz ochgani uyaladi.

Ibodga oʻxshaganlar esa uyalmaydi.

Hasanga oppa-ochiq, bir masalada qiynalayapman, qurugʻidan choʻzing, xoʻjayin, deydi.

Noxush bir kayfiyatda bilim dargohiga yetib kelib, darsxonaga kirdi.

* * *

Kafedrada Qurbon domla negadir telefon dastagini chakagiga bosib, oʻylanib oʻtirardi.
— Ha, nima gap?
— Sizga! — dedi Qurbon domla dastakni uzatib.
— Labbay?
— Uyingga kechqurun, ertalab qoʻngʻiroq qildim. Bu yerga ham uchinchi marta... Seni hech topolmayapman!

Husan mashgʻulotdan ertalabkidan chandon ezilib, toliqib chiqqan edi. Ovoz egasini tanib, buning ham ishi qistov, “uyiga oʻt tushgan”, bu Iboddan ham koʻra mugʻambir, boʻyinga yana bir tashvishni ortmasaydi, deb oʻyladi.
— Tanimadingmi? Hamroman. Doʻsting!

Ey! Xudo doʻstdan ham buyurmagan ekan. Hech talab-da’vosiz fidoyi Qurbon domladan tashqari, albatta!

Hamro ham Ibod singari dorilfununda bir davrda oʻqiganlardan. Turli idoralarda ishlagan. Hozir allaqaysi klubda rahbar.
— Eshitayapman, — dedi Husan.
— Bugun seni koʻrishim kerak.
— Bugun qiyin. Bosh qashishga vaqtim yoʻq. Kechirasan, doʻstim.
— Boʻlmasa, ertaga. Tushlikda, — dedi Hamro.
— Soat ikkilarda. Ungacha darsim bor.
— Yaxshi. Ishxonaga kel. Kutaman.

Husan dastakni oʻrniga qoʻydiyu qaytib koʻtardi.

Shoira bilan opalar Xumsondan kelishdimikan?

Uyda telefon javob bermadi.

* * *

Anhor boʻyidagi qahvaxonada Ibod u bilan koʻrishayotib:
— Seni yoʻqlaganim... sogʻinganman! — dedi.

Husan bu “mehribonlik”dan qisinib, “ey! Men qiz bolamidimki, sogʻinsa!” deb koʻnglidan kechirdi. Shu damda payqadi. Bir paytlar Ibod bepisand qaragan boʻlsa, endi u “oliftalik” qilayotgandek. Teskari hol sodir boʻlayotgan ekan!

Uzoq tutilishdan xavotirlanayotgan edi.

Kechaning oʻzidayoq Vorisni soʻroqlab, daragini topgani yaxshi boʻldi. Ammo Husan hali jiyani ahvolini bilmaydi. Nega ota-bola biri-biridan xabarsiz? Orada nima gap oʻtgan? Bu ham noma’lum! Qanday boʻlmasin, Voris uning xayolidan ketmayotgan edi.

Bundan tashqari, uni “yoʻqlagan” Ibodning maqsadini tezroq bilgisi kelardi. Organda ishlagan, ayniqsa qoʻltigʻida doim torozi tutgan bunday kishi “muhim gap” dedimi, muhim bir gapi borligiga Husan shubhalanmasdi.

Ibod esa aftidan shoshmayotgan edi.

Ular tushlik qilishayotib, u xush kayfiyatda (yoki oʻzini shunday tutib) lim-lim oqayotgan anhorni, atrofdagi goʻzallikni, “tabiat erkasi” bahorni astoydil maqtashga tushdi.
— Hozir togʻlarda oftob ostida qor yarqirab, irmoqlarda suv sharqirab yotibdi. Qani, endi uch-toʻrt kun boʻsh vaqting boʻlsa-yu, shahardan chiqib ketsang! — dedi. — Umr oʻtadi. Shoir aytgan-ku “Doʻstlar, gʻanimatdur, sayr eting gulistonlar”!

Shundan keyin, Ibod Husanning mashgʻulotdan boʻlak paytda erkin ekanligiga havas qilib, oʻz kasbida “ish soati” degan gap yoʻqligi, biron jinoiy ishga “shoʻngʻishsa”, kunduzmi-tunmi sezmay qolishidan shikoyatlandi.
— Umuman, hayot tegirmon. Gap shundaki, bizning odamlar dam olishni bilmaydi, — deb oʻkindi Ibod. — Ana, Shirmonbuloq. Togʻ ustida “Dam olish uyi” joylashgan. Yaqin qishloqlardan uch-toʻrt chol-kampirni bolalari majbur qilib joʻnatishibdi. Oʻzlari togʻda, ikki koʻzi pastda! Bemalol keksalik gashtini surmaysizlarmi, mazmunida gap qilsam, hammasi uyda ishim bor, deydi... Qisqasi, ikkimiz vaqt topib, toza havoni bir aylanib kelishimiz kerak.

Husan diqqat qildi.

Dunyoda “kiftini keltirib” chiroyli gapiradigan kishi koʻp. Gapning esa aksar ichi boʻsh! Ibodning har bir soʻzi ma’noli-magʻizli... Bu qanday shaxs oʻzi, deb oʻyladi Husan. Sen oʻzingni olimman, deysan-u, yoshlikdan to hamon uning oldida ip esholmaysan. Bu odamning yurish-turishida ojiz-kekkaymalik bilan bosiq-mutafakkirlik birlashib ketgani ajablanarli.

Tuyqusdan xayoli qochdi.

U bir tomondan, Ibod maqsadga koʻchishini kutib, ikkinchi tomondan, Vorisning yoniga shoshayotgani uchunmi, Voris oʻzi biron jinoyatga yoʻl qoʻymadimikin, degan fikr miyasiga chaqmoqdek urildi. Ba’zi “erkatoy”lar jinoyatdan soʻng kasalxonaga borib yotib olishini eshitgan, kitoblarda oʻqigan edi.

Husan jiyani toʻgʻrisida tasavvuri xira ekanligini hozir chuqur his etdi... Hasanning birinchi xotinidan! Goh Buxoro, goh Navoiyda yurgan. Abdurahmon Xoʻjaning barcha farzandlari-yu, nevaralari kabi Toshkentni ham “yarim oʻz shahri” deb biladi. Oʻmonqul bilan doʻst... Ibod gapni asta-sekin Vorisga “olib” bormayotganmikan?
— Bugun mashqing past, ogʻayni. Sogʻliging oʻzi yaxshimi? — Husanga tikilib soʻradi Ibod.
— Sogʻlik yaxshi, — dedi Husan va aniq nima deyishini bilmaganidan, xayoliga kelganini ayta boshladi. — Kecha xunuk bir voqea roʻy berdi. Koʻchada ketayotgan edim, gavdali bir kishi nozikkina bolani urayotgan ekan. Shundan buyon qandaydir gʻash boʻlib yuribman.
— Sen ham qiziq ekansan! Dunyoda bunaqa voqea toʻlib yotibdi. Har kuni qancha qonli, ogʻir jinoyat roʻy berishini bilasanmi? Har narsaga kuyaversa... Haliyam bizda jinoyatchilik nisbatan kam. Kissavurlik, oʻgʻrilik yoʻqolib borayapti. Bezorilik har qadamda koʻzga tashlanmaydi. Talab qattiq... — Ibod birdan mavzuni oʻzgartirdi. — Hasan aka kecha kelgan ekanlar, eshitmay qolibman. Koʻrmoqchi edim... Navoiydan bizning sohada ishlagan bir tanishim bugun ertalab kelgan edi, oʻsha bilan gaplashayotib, senga qoʻngʻiroq qildim... Boʻlgan-boʻlmagan har xil...
— Nima “boʻlgan-boʻlmagan”?
— Oʻzing eshitmadingmi? Seni shuning uchun chaqirdim... uncha yaxshi xabar emas. Lekin bosiq boʻl... Hasan aka Toshkentdan ketayotgan ekanlar, Samarqanddan oʻtgandan keyin avariya ... tirik qolgan! Bunisiga shukr. Qaysi ahvolda, bunisi noaniq... Eshitganimni senga yetkazmaslikni nomardlik, deb oʻyladim...

Husan naq joni sugʻurib olingandek boʻldi.

Ikki kishi ikki qoʻltigʻidan tutmasa, oʻrnidan turolmaydigandek edi.

Uning uchun Hasan faqat jon-jigar emas. Bir Vujudning yarmi!

Ular Bir Bola oʻrnida Qoʻsh boʻlib tugʻilgan!

Biri ketsa, boshqasi ham...

Unga harholda shunday boʻlib tuyuladi!

Lahza ichida soʻnggi voqealar xayolida charx urdi.

Negadir “ahmoq kun” degan gap xayoliga keldi.

U kechagi kunmi, bu kunni koʻzda tutayotganini oʻzi ham bilmas edi.

* * *

Tiriklik shu...

qanday falokat roʻy berib, qanchalik gʻamga botmagin, oʻrningdan turishga majbursan!

Hayotdan hatto charchab tinkang quriganda ham, ildam yurish nasibang. Qochib qutulolmaysan!

Baribir, hozir kasalxonaga borib birinchi galda Vorisni koʻrish, yoʻl-yoʻlakay endi nima qilishni oʻylashga toʻgʻri keladi.

Qanoti boʻlsa, shu ondayoq Navoiy tomon uchar edi-ku, odam qanotsiz yaratilgan!

Ayni damda bir paytlar otasi Ismoil Xoʻja amakisi Ibrohim uchun qay yoʻsin kuyib, adoi tamom boʻlganini Husan odatdagidek faqat tasavvur qilmay, goʻyoki oʻz badanida tuydi... Ismoil Xoʻja iztirobga choʻmgani kam, Gʻayrat Sur’atmi, Sur’at Gʻayratmi degan arbob koʻrsatmasiga binoan, goh Kabir Hoji va Shodi Tursun, goh Boʻtavoy Nodir va Akmal Rashid degan yigitlar, ba’zida toʻrtalasi birga mahal-bemahal bot-bot uyga bostirib kelishgani, qayerdan boʻlmasin, akangni topasan, deb uni qiynoqqa solishgani — ular xonadoni tarixida shunday voqealar ham oʻtganini esladi. Ehtimol, Ismoil Xoʻja shu zulm-zugʻum natijasida bobolari yurti Buxoroga koʻchgan, jur’atsizmi-ehtiyotkor kishiga aylangan edi. Husan, bechora otam, deb oʻyladi.

Yana ayni damda mahalladagi Marat bobo yodiga tushdi.

Uning bu gaplarga daxli nima?

Bir kuni Husan koʻchadan uyga qaytayotgan edi, choyxona oldidagi xarrakda oʻtirgan keksa birovga koʻzi tushdi. Tikildi-yu, esi ogʻib, sarosimalandi. Bu — bobosi Abdurahmon Xoʻjami, otasi Ismoil Xoʻjami edi.

Bunga ishongandek, lekin koʻzlarini katta ochib, yaqinlasha boshladi.

Yaqinlashgach, sergaklandi:

Marat bobo...

Oldin e’tibor bermagan ekan.

Uning afti-angorida ularga bir oz oʻxshashlik bor ekan.

* * *

Kasalxonada karantin. Qoʻli-oyogʻi uzun kimdir sirgʻalib ichkariga kirmasa, bu yerda shamolni ham oʻtkazishmayotgan ekan.

Husanga oshqozon va ichak kasalliklari boʻlimida yotgan jiyanini eshikka chaqirtirib berishdi. Kattakon darvozaning tirqishi, devordagi teshik-tuynuklar oldida odamlar gʻuj boʻlib olgan, har kim oʻz “bemor”i bilan gaplashishga urinar edi.

Kasal koʻrgani kelib kech qorongʻisida, bu sharoitda birovni koʻrishning ham, jiddiy gaplashish emas, yaxshiroq soʻzlashishning ham imkoni topiladiganga oʻxshamasdi.

Husan jiyani — ozgʻin, daroz yigitchani avvalida tanimadi. Keyin, haligina jiyani haqida yomon xayolga borganini eslab, badtar xijolat chekdi.

U albatta, Vorisga Hasan toʻgʻrisida ogʻiz ochmadi.

Ular biri-birini “koʻzdan qochirmaslik”ka tirishib, uzuq-yuluq soʻzlashishdi.
— Yaxshimisan? Nima boʻldi?
— Oʻtibman. Yaxshi. Toshkentga kelishim bilan shunaqa... Endi tuzalib qoldim.
— Karantin qachon tugaydi?
— Ertaga.
— Unda ertaga yana kelaman.
— Ikki-uch kunda oʻzim chiqaman.
— Biron dori kerakmi? Nima kerak?
— Hech narsa, amaki. Rahmat...

Husan koʻngli toʻlmay iziga qaytdi.

Ahvol qandayligidan qat’i nazar, u erta yo indin Navoiyga yoʻl olishni moʻljallay boshlagan edi. Lekin sharoitga qarab ish tutish uchun oldin qoʻngʻiroq qilish kerak.

Uydan qoʻngʻiroq qilishni istamaganidan, kasalxonadan uzoqlashishi bilan, shu oʻrtadagi pochtaxonaga kirdi.

Odam oz ekan.

Telefon tezda ulandi.
— Allo.
— Allo, Norgul...

Norgul indamasdi. Yigʻlayaptimi?!
— Xabarim bor. Qon boʻlib turibman. Yigʻlamang! Gapiring!
— Reanimatsiyada. Juda ogʻir. Hali oʻziga kelgani yoʻq. Nima boʻladi, bilmayman. Dori buyurishgan edi, yoʻlda uyga kirdim.
— Men ishonaman, hammasi yaxshi boʻladi. Ertaga yoki indinga boraman.

Ayol tabiatiga tushunmaysan! Norgul, yonida ikki farzandi, eri uchun qaygʻurayotib, daydi “bolasi”ni esdan chiqarmagan ekan:
— Voris-chi?
— Birga olib borarman. Topdim. Yuribdi. Tinch...

Husan garchi Iboddan Hasanning tirik ekanligini eshitgan boʻlsa-da, Norgul bilan gaplashgach, sal osoyishtalandi.

* * *

U harholda chalgʻigandi.

Hasan va Voris, Voris va Hasan! — bular ikkisi butun xayolini band etgandi.

Kasalxona tomon borayotib rastadan oʻtgani-yu, bu yerda bozor qilganida ham, gavdali kishi va bola toʻgʻrisida oʻylamagan edi.

Mana, endi katta yoʻl yoqalab yurib, qaytib rastaga kirib keldi-yu, savdo majmui oldida toʻxtadi. Nazarida, bir siltanib orqaga — kechagi kunga qaytgandek, mudhish voqea goʻyoki hozir, shu pallada roʻy berayotgandek boʻldi. Dahshatli hayajon chopari koʻksida eshik qoqa boshladi.

“Jinoyatchilar olami”da aylanib yurgan Ibodning koʻzi qotgan-da! Husanning shoʻrlik bola haqidagi gapiga pinagini buzmadi... Aslida, birov birovga qoʻl koʻtarishga oʻzini haqli deb bilishi dunyodagi bor jinoyatlarning muqaddimasi emasmi? Afsuski, hayotda uchragan yaxshi-yomon holatni qanday his etish — har kimda har xil. Biron xatti-harakatni kuzatib jismi-jonidan oʻtkazish, baho berishdan mahrum, gʻaflatda yurgan kishi ozmi? Tarbiya yetishmaydi.

Husan shart savdo majmui boshlanishidagi doʻkonga kirdi.

U hozir mast holatda emasdi. Lekin mabodo oq kiygan, gavdali kishi shu damda doʻkonda boʻlsa, taqsir, kecha, quturgan paytingiz soʻzlasholmadim, xoʻp, oʻzi nima gap, demoqchi edi. Aynan shu taxlit gaplashishga qaror qilgandi.

Doʻkonda ikki yosh yigit peshtaxtalarni tartibga solishardi.

Husan doʻkonni aylandi. Ichkari xona tomon koʻz tashladi.
— Xizmat, otaxon?

U nima deyarini bilmay qoldi.

Bu yigitlar bilan gaplashish, ulardan gavdali kishi toʻgʻrisida soʻrash telbalik, xolos. Bir gapni bilganda ham, aytishmaydi. Kim sayrasa, ertagayoq pattasi qoʻlida, orqasiga tepib haydashadi.
— Bir oz shirin kulcha. Qand-qurs, — dedi Husan.

Doʻkondan chiqib, kechagi maydonchada yana serraydi.

Tun kirgan. Atrofni qorongʻi qoplay boshlagan.

Shoira bilan opalari allaqachon Xumsondan qaytib, uyda uni poylab oʻtirishgani koʻzi oldiga kelib, nihoyat, uyga qarab yurdi.

Rastadan uzoqlashib bormoqda, ammo xayoli oʻsha doʻkonda qolgan edi.

Xoʻ-oʻsh...

Birdan uning kecha “tiklagan imorat”i quladi.

Bolani urgan kishi — doʻkondor boʻlmasa-chi?

Unda, bola ham — oʻgʻri emas.

Bu holda, bola nima ish qilgan ekanki, gʻazabga uchrabdi?

Favqulodda kuchli bir kishi nimjon bolani nega kaltaklaydi?

Axir, bu (oqibatini Husan bilmagan) voqea roʻy berganiga biron-bir sabab boʻlishi kerak-ku?

Xayoliga yangi fikr keldi:

Ular ota-bola emasmikan?

Zurriyotini yoʻlga sololmagan, gapini oʻtkazolmagan ota...

Jahl chiqsa, aql qochadi...

Yoʻq!

Husan Doʻkondor va Oʻgʻri haqidagi (oʻzi ishona boshlagan) taxminga koʻnglida endi ishtiboh sezayotganidek, ular ota-bola ekanligiga ham shubha bilan qarayotgan edi. Oradagi munosabat ham, toʻqnashuv nega roʻy bergani ham ma’lum emas.

Bir narsa ayon:

bu ishning tagiga yetmaguncha uning koʻngli joyiga tushadiganga oʻxshamaydi.

U bundan soʻng ham rastadan oʻtadi.

Va albatta, maydonchada toʻxtaydi.

Va albatta, doʻkonga moʻralaydi.

Arvoh turqidagi kishi va ojizgina bolani qidiradi.

Lekin keyin-chi? Ularni topsa, shu bilan ish bitadimi?

* * *

Uyda Shoira oshga guruch solmay, unga qarab oʻtirardi.
— Opalar qani? — deb soʻradi Husan ostona kechib.
— Koʻchaga ketishdi. Rastada yurgan boʻlishsa kerak. Hozir kelib qolishadi.

Husan yoʻlda, rastada shuncha yurib opalarini uchratmaganiga ajablandi. Ulargaki duch kelmabdi, demak katta yoʻl yoqasida, rastada birovni izlab ham topish qiyin.
— Yaxshi borib keldinglarmi oʻzi?
— Zoʻr! — dedi Shoira.
— Qozonni menga qoldir. Sen dasturxon tuza.

U guruch tozalayotib, xayoli hamon Hasan, Voris va koʻchadagi bolada edi.

Shoira dasturxon tuzab-tuzamay, opalar kirib kelishdi.

Ular oʻzlari uchun nimalardir xarid qilishgan.

Shoiraga maqtanib koʻrsatishdi.

Husanning charchoq, gʻamgin holatiga zid, ayollar kayfiyati koʻtarinki. Ular mamnun edilar.

Dasturxon atrofidan joy olishgach, undan-bundan soʻzlasha boshlashdi.
— Siz ham birga borsangiz boʻlarkan, — dedi Mavjuda.
— Qayoqqa?
— Xumsonga-da! Xayolimizga kelmapti. Oʻlgʻiz qodirib ketaveribmiz.
— Ey! Mening boshqa ishim yoʻqmi? — dedi Husan. Beixtiyor asabiy, keskin gapirganini sezib, gapning davomini yumshatdi. — Buning ustiga, hamshaharlarimiz iborasi “aytgan joyga bor, aytmagan joyda nima bor”. Meni ular tanimasa, bilmasa...
— Biladi. Televizorda koʻrgan... Ba’zan oshno bilan begonani ajratolmaysan! Bir yoz Xumsonda, sanatoriyda dam olganimda Zarrina bilan tanishganmiz. Mehmonga chaqirgan. Keyin, eri-ikkisini Buxoroga taklif qildim. Kelishdi. Uch-toʻrt kun yurishdi. Yaznangiz hali bardam edilar, mehmonlar ketamiz deganda, biz sizlarni kuzatamiz, birga Navoiyga boramiz, u yerdan Samarqandga, oʻsha yerda xayrlashamiz, dedilar. Shunday qiziq sayr qilganmiz. Shu bahona orada qarindoshdek mehr tugʻilgan.
— Bitib ketgan boy boʻlsa boshqa gap, oddiy, mehnatkash kishilar, — deb gapga qoʻshildi. Mavluda. — Lekin borishimiz bilan oyogʻimiz ostida qoʻy soʻyishdi. Osmondan farishta tushganday, bizni xuddi tavob qilishdi. Koʻngli ochiq, yaxshi odamlar ekan...

Husan dunyoda yaxshi odamlar (chin insonlar) koʻpligini bilmaydimi! Shunga qaramay, yoʻliqqan har kimga “dono”lik bilan baho berishlaru “oshno” boʻlishlar unga yoqmasdi. U, ODAM degan mavjudotning soat kapgiridek yaxshi va yomon orasida “tebranib” turishiga umrida necha bora guvoh boʻlgan! Husan goho eslaydigan Oʻzuvchi “yaxshi odamning padariga la’nat” qabilidagi gʻalati gapni aytgan edi. U, opalariyu Shoirani bu kun siylagan Berdiqul ismli shaxs ertaga, xotini Zarrina bonu yonida, oʻgʻlimi-nevarasini yetaklab kelib, domla, siz oʻzimizniki, bu bola esa sizniki, demasligiga kafolat berolmasdi. Bundaylar “achib” yotibdi!

Opalar mehmon...

Husan mulozamat koʻrsatishi kerak.

Ochiq chehra bilan suhbat qurishi kerak.

Lekin u nima deyishga hayron edi.

Opalarga Voris toʻgʻrisida hikoya qilish mumkin.

Hasan toʻgʻrisida boʻlgan-bor voqeani aytib berish mumkin.

Oʻshanda ular kasalxonaga borib (tirqishdan boʻlsa-da) Vorisni koʻrishlari, Navoiyga borib Hasanning yonida turishlari ham mumkin.

Buning nimasi yomon?

Bu — ming yillik taomil. Yaqin kishilar “oʻz hayotini” biri-biridan “pinhon” tutmaslik, yaxshi kunda yoki bir kor-hol roʻy berganda bexabar qolmaslik shartiga doim rioya qilib kelganlar!

Biroq bunday ish tutish Hasanning irodasiga zid.

Ayniqsa, hozir uning irodasiga boʻysunmay boʻlmaydi.

Hasan hashamatli hovlisini qoʻrgʻonga aylantirganidek, oʻzini ihota devori bilan oʻrab olgan.

U bir tomondan, barcha ogʻziga qarashini, ikkinchi tomondan, barcha uning hayotidan “chetroqda turishi”ni istaydi.

Bu yaqin kishilarga ham tegishli. Avvaldan Husanni bekordan “opalarga indama” deb ogohlantirgani yoʻq.

Opalar-chi?

Mavluda va Mavjuda birovga, ayniqsa oʻz jigarlariga yomonlik tilashmaydi. Lekin ular (balki, ayol ekanliklari sabab, qiziqib) Vorisdan har narsani soʻrashlari, gap kovlashtirib, qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarishlari ham mumkin.

Hasan haqida eshitgan zahoti koʻzyosh toʻkib, tuni boʻyi oh-voh chekishlari, shuning barobarida Hasanning hayotiyu qismatini bir boshdan muhokama qilishlari mumkin. Navoiyga borgach, uning oilasi tinchini buzib, bosh-qosh boʻlishga urinishlari, qolaversa, dalda oʻrniga eldan burun motam tutishga “kirishib” ketishlari ham mumkin.

Biz nega shundaymiz?

Bilim bor. Aql bor.

Yurakda ezgulikka intilish bor.

Komillik haqida gapiramiz.

Odamshavanda boʻlgimiz keladi.

Lekin oʻzni munosib tutolmaymiz.

Loyli koʻchalarda adashib-uloqib yurganga oʻxshaymiz.

Husan shu boisdan, opalarga, ular oldida xotiniga ham sir bermayotgan, dardi-hasratini oshkor qilmayotgan edi.

Xoʻp. U shunchaki suhbatga jon kiritish uchun koʻchadagi bola toʻgʻrisida gapirsin!

Adliya sohasida ishlagan Ibodki uning qanday dahshat tuyganini his etmadi, opalari buni teran anglaydimi? Ana, shu pallada ular allakimning mehmondoʻstligi, mehribonligini maqtab-ta’kidlab, bu bilan Husanga ta’na qilgan, uning tamorqasiga tosh otgandek boʻlishayotganini sezishayotganmikan? Oʻrtada Shoiraning bezovtalanib, xonada asabiy yugura boshlashi qoladi.

Eri xomush, parishon ekanligiga allaqachon ahamiyat bergan Shoira, opalar bilan oʻzi ham mehmonga borganidan qisingan koʻyda:
— Keyingi kelishlaringda biz ham qoʻy soʻyamiz, xudo xohlasa! — deb ochilgan mavzuni yopgandek boʻldi.

Husan payqadi: uning holatini ozor chekishga yoʻygan xotini, opalarga tegib ketadigan gap qilgan edi.
— Oʻz opajonlarim! Ot bilan tuya soʻysa ham arziydi, — dedi gapni andavalab.

Osh pishdi deganda eshik qoʻngʻirogʻi jiringlab, kenja qiz va kuyov kelib qolishdi. Opalar shu yerda ekanligini Shoira kecha ularga aytgan, bugun vaqt topib koʻrgani kelishgan edi.

Umida bogʻchada ishlaydi.

Zafar “neft va gaz” idorasida.

Oʻshlar davraga qoʻshilgach, hukm surgan noxushlik unutildi.

Opalar va Shoira yana oldingi koʻtarinki kayfiyatga qaytishdi.

Husan ham oʻzini “eplash”ga urina boshladi.
— Dada, — dedi gap orasida Umida, — sizning Qurbon domla degan ogʻayningiz bormi?
— Bir kafedrada ishlaymiz. Nima edi?
— Bugun kelgan edi. Nevarasini bogʻchaga joylashtirmoqchi ekan... Juda sodda, antiqa kishi ekan. Kelib, toʻppa-toʻgʻri, men hech qachon pora olgan ham, pora bergan ham emasman, sizlarni xursand qilolmayman, deydi. Keyin, siz kimning qizi, deb soʻradi. Ismingizni aytsam, oʻrnidan turib ketdi, Husan meni oshnachilik qilibdi, nomimni sotibdi, deb oʻylaydi. Boshqa bogʻchaga boraymikan...

Hamma kulib yubordi.

Husan ham.
— Yaxshi olim. Holol kishi! — dedi.
— Husanjon, eshitganmisiz, bobomiz Abdurahmon Xoʻja bankda ham oz-moz ishlagan ekanlar, — dedi Mavluda.
— Eski paytlarda ham bank boʻlgan ekanmi? — deb ajablandi Shoira.
— Boʻlgan. Ayniy “Sudxoʻrning oʻlimi” kitobida ham yozgan.
— Demak, bobomiz hisob-kitobni ham yaxshi bilganlar, — xulosa chiqardi Mavjuda.
— Hasan bu jihatdan bobomizga tortgan! — kulib qoʻydi Mavluda.
— Biz har jihatdan otamiz, bobomizga tortganmiz. Ota-bobolardan oʻtib qayoqqa borardik! — dedi Husan.
— Men bu haqda gapirmoqchi emasdim, dada, — unga yuzlandi Zafar. — Hasan amakimni... eshitgan boʻlsangiz kerak?

Husan buni kutmagandi. Shum xabarning oltita oyogʻi boʻladi, kuyov ishlagan idoraga darrov “axborot” yetib kelgan. Bir soha boʻlgach, balki bu tabiiy.
— Eshitdimmi, yoʻqmi bunaqa narsani gapirmagan durust, oʻgʻlim, — kuyovni keskin toʻxtatdi Husan.

Opalar ular ikkisiga alang-jalang qarashdi:
— Hasan? Tinchlikmi?
— Tinchlik. Bu xizmat borasidagi gap! — dedi Husan qat’iy.
— Bankda ishlab ham har kim boy boʻlavermas ekan! — deb xoʻrsindi Umida.
— Xudo, ol, qulim, degan oladi, — tagdor gap qildi Mavjuda.

Shundan soʻng, Umida bilan Zafar oʻrinlaridan turishga chogʻlanishdi.
— Ammajonlar! — dedi Zafar. — Ertaga biznikida mehmon boʻlasizlar. Qoʻy soʻymasak ham...

Ey! Yana “qoʻy”.

Yoʻq. Bu gal “qoʻy”ga hech kim e’tibor bermadi.
— Sizlar ishli kishi, — dedi Mavluda. — Boshqa kelganda, dommod. Safar qaridi. Ertaga ketamiz.
— Nega? Yuribsizlar-da! — “norozilandi” Shoira.
— Sizlarni koʻrdik, xursand boʻldik. Asalning ham ozi yaxshi, — deb gapga aralashdi Mavjuda. — Oʻzlaring albatta, kelinglar. Ertalab avtobusga chiqsak, kech kirmay Navoiyga yetib boradi. Hasanjonni ham bir koʻrib, Buxoroga oʻtib ketaveramiz.
— Men bugun qoʻngʻiroq qilgan edim, — dedi oʻylanib Husan. — Sizlarni aytdim. Hasan besh-oʻn kundan keyin borishlaringni soʻradi. Hozir juda band ekan.

Opalar tarvuzi qoʻlgigʻidan tushgandek boʻldi.

Ular, esiga kelgan yaqini uyiga “bostirib” boraverish rasmi yoʻqolayotgani, kundan-kun bu “eskirgan odat”ga aylanayotganini ehtimolki, birinchi marta his etishayotgan edi.

Husan shu palla “mehmon bobi”da Shoiraga oʻxshab ish tutdi.

U Hasanning xohishini bajargan edi.
— Unda kunduzgi poyezdga chiqamiz, — dedi Mavluda. — Navoiyga keyin, qoʻngʻiroq qilib borarmiz.

Inson hamma narsaga koʻnikadi.

Biri-biriga yetkazgan ozorlarga ham...

* * *

Husan lanj, faromush edi.

Ikki opa — Mavluda va Mavjudaning yuzi vagon oynasida soʻng bor lip etdi. Poyezd shiddatlanib, muyulishda berkindi.

Oʻzi-oʻzidan qandaydir norozi edi. Hasanni oʻylab, nazarida, opalariga xiyonat qilgandi. Umuman, xonadon a’zolari orasida mehr-oqibatga yonma-yon, xudbinlik va — oʻzaro munosabatda, — ozmi-koʻpmi soxtalik borligi alamli. Ular qachon, nega bir tan-bir jon boʻlolmaganini aytish qiyin. Balki, bu ota Ismoil Xoʻja va ona Bokira bonu biri-biridan “uzroqroq” kishilar boʻlgani holda qovushgan kundan boshlangandir? Balki, Azaldan to Hamon inson qonida yashagan qusurlaru ular qarshisida qoʻrquv va ishonchsizlik (oʻziga ishongan darajada birovga ishonmaslik, qachondir jamoa shaklida kun kechirgan insoniyatning asrdan-asrga, yildan-yilga yakka-yolgʻizlik tomon borayotganligi) natijasidir? Oʻzlarini koʻrkam bir xonadon farzandlari, ahil oila, deb bilgan kishilar “yaqinlik” soyasida “begonalik”ni ham “saqlab qolishgani” har bir banda tugʻilgandan oʻlgunigacha va balki, undan keyin ham XUDO OLDIDA javobgar Oʻlgʻiz shaxs ekanligi BYeLGISI boʻlsa kerak? Bu — opalardan ham koʻra koʻproq biri-biriga “kindigi bogʻlangan” Hasan bilan Husanga tegishli. Hasan bilan Vorisga ham...

Temiryoʻl bekatidan uzoqlashgan Husan shularni oʻylaganicha, mashina yollab bilim dargohiga yetib keldi.

U kafedraga kirganida har kungidek undan ertaroq ish boshlagan Qurbon domla koʻzoynak taqib qalin bir kitob “ichiga shoʻngʻigan” edi. Husanni koʻrib qisinib-qizargandek boʻldi.

Husan bogʻcha haqidagi gapni beixtiyor eslab, kulib qoʻyganicha, Qurbon domlani xijolatdan qutqardi:
— Kecha qizim Umida kelgan edi. Sizni maqtadi. Yaxshi doʻstingiz bor ekan, dedi.

Shundan soʻng, u to shu dam birovga bildirmagan “dardi”ni Qurbon domlaga yordi. Hasanning hayoti qil ustida ekanligiyu Voris bilan munosabatini ham ma’lum izga solish kerakligini yashirmay aytdi. Nihoyat, Navoiyga birrov bormasa boʻlmasligini tushuntirdi.
— Soʻrasangiz, javob berishmaydi, — dedi Qurbon domla. — Indamay ketavering. Men bir ilojini qilarman.

Husan mashgʻulotlardan keyin, yana lanj, faromush holatda koʻchaga chiqdi.

* * *

Meloddan ham ilgariroq —

Spartakning vatandoshlari Ikor va Dilol parvozidan tortib:

Dam semurgʻ-qush,

dam uchar gilam...

Oʻki, yana dostondagi:

Alpomishning Boychibar oti,

Toʻrt yarim gaz emish qanoti...

Qanday boʻlmasin,

Yer — foniy.

Osmon — boqiy.

Bu kun: “Birov — Yerda, birov — Osmonda!” desangiz hech kim ajablanmaydi. Biz tiriklar va oʻliklarni koʻzda tutmayapmiz, gap faqat tiriklar haqida! Jismning qaysidir vosita orqali Koʻkka Koʻtarilishi bu kun oddiy hol. Havo kemalari Osmonni “toʻldirgan”. Ruhning Koʻkka Yuksalishi ham yangilik emas. Ehtimolki, Jism yuksalishiga nisbatan qadimiyroqdir. Osmonga chiqib tushgandek holatni his etgan har xil kishilar bor. Yerga qaraganda Osmonning umri uzoq (boqiy) ekanligi uchun Inson bir umr Parvozga chogʻlanmaganmikan? Bir shoirning she’rida qiziq misra keladi:

Galaktika mozorida koʻmilar tanim...

Dunyoda avval-oxir Yer va Osmon, Jism Parvoziyu Ruh Parvozi toʻgʻrisida oʻylamagan biron shoir, biron olim yoʻq.

Ayniqsa, faylasuflar! Koʻpincha oʻzini Yer bilan Osmonning avra-astarini agʻdarib koʻrgandek tutadi.

Husan “dono”lik qilmasa-da, u ham bu borada muntazam oʻylaydi... Buning bari dahriylar (moddiyunchilar) necha yilki inkor etgan tariqat, Odam Ato bilan Momo Havvo “Yerga tushingiz!” degan Farmoni Oliyni olgan paytdan boshlanmaganmi? Oʻsha, AZAL SOATdan ikki oʻrtada

Muallaq bir holat

paydo boʻlmaganmi?

Koʻchada, Hamro ishlagan klub tomon ketayotib, Husan hali maktab ostonasini tark etmagan kunlar “Oʻquvchi-yoshlar saroyi”ga qatnaganini esladi. Oʻshanda u “Aviamodelchilar” toʻgaragida qatnashgan, chiroyli kichik samolyot shakllari yasagan, uchuvchi boʻlishni orzu qilgan edi. Ammo qismat ekan, keyinchalik Inson tafakkuri:

Soʻzdan, Tushunchadan, turli davrlarda

turli “libos”ga oʻrangan Dunyoqarashdan

bahra topish unga baxt boʻlib tuyula boshladi.

Mana, endi oʻylab koʻrsa, notanish shaharga kelgan sayyohdek, zamonlar davomida turli koʻchalarga “kirib-chiqqan” falsafa — fanlar Onasi, — to hamon:

Biz oʻzi kim? Yaratilishdan ma’no nima?

Bizga qanday muhim vazifa yuklangan? —

va boshqa, boshqa oddiy savollarga javob topmagan,

MUALLAQ BIR HOLATdan

boʻlak narsani aniqlay olmagan ekan!

Husanga oʻxshab Hamro ham faylasuf.

Ixtisos boʻyicha.

Lekin amalda arbob. Klubga rahbar boʻlgunicha ham katta-kichik idoralarni boshqargan.

Bir gal u toʻgʻrida Ibod bilan soʻzlashgani Husanning yodiga tushdi.
— Tombosdini bilasan! — dedi negadir Ibod.
— Qanaqa “tombosdi”?
— Oʻz ogʻaynimiz. Hamro! Laqabini eshitmaganmiding?
— Birinchi eshitishim.
— Sen ham Afandi ekansan!
— Nega Tombosdi? Tushunmayapman.
— Oʻshligida, zilzila payti ularni tom bosgan. Ota-onasi oʻlgan. Hamro oʻzi bolor-vassalar orasida tirik qolgan. Ba’zan gapirib yuradi. Koʻproq ichgan boʻlsa, yigʻlaydi. Koʻksingga boshini qoʻyib yigʻlamagan ekan, demak sizlar uncha yaqin emas ekansizlar.
— Xoʻsh?
— Har narsani iltimos qilaverib, kishini charchatib yuboradi.

Husanning Hamro bilan munosabati chindan “uncha yaqin emas”. Ular orasidagi munosabat yoshlik yillariga sadoqatmi, oʻtgan begʻubor kunlarni qoʻmsashmi? — shunday bir tuygʻuga asoslangan. Husan qachondir Hamro toʻgʻrisida korchalon, degan fikrga borgan, uning hayotidagi kulfatdan voqif boʻlganidan soʻng ham, fikri oʻzgarmay qolavergan edi.

Taqa shaklida qurilgan ikki qavatli eski va anchayin xarob bino.

Hamroning kabineti ikkinchi qavatda.

Gaplashadigan gap jiddiymi, har qalay u dasturxon tuzab, eshikka qarab oʻtirardi. Husan bilan koʻrishayotib:
— Koʻchaga chiqmaymiz. Shu yerda choy ichib qoʻyaqolaylik, — dedi.

Hamro Husanning boya oʻylaganlarini oldindan bilgandek, ular stol yonidan joy olishgani zahoti, kutilmaganda:
— Yer — foniy, Osmon — boqiy, birov — Yerda, birov — Osmonda! — dedi.
— Xoʻ-oʻsh?
— Gʻarbdan oldinroq Sharqda qadimdan kitoblarda Itorid, Mirrix, Mushtariy, Zuhal, Zuhra degan sayyoralar, yulduzlar nomi uchraydi. Ular sirtida havo yoʻq hisobi. Issiq. Masalan, Yerda Sahroi Kabir yonib yotgani hech narsa emas, Zuhra sayyorasida harorat 450-470 daraja. Buning ustiga, bir kecha-kunduz Yerda boʻlgan 417 kecha-kunduzga teng...
— Sen oʻqiganingni men ham oʻqiganman. Men emas, savodli maktab bolasi ham bu gaplarni biladi, — dedi toqatsizlanib Husan.
— Toʻxta! Gapni eshit... Soʻnggi yillarda olimlar bir kuni Yerdan Osmonga “koʻchib chiqish” ustida oʻylashadi. Zilzila, toshqinlardan Yer yoʻqolib ketadi, deyishadi. Hozir koʻp katta mamlakatlarda aniq “Osmonni oʻzlashtirish” niyati bilan yurganlar ham chiqayapti. Osmonda sharoit yoʻqligiga qaramay, ular hatto turli sayyoralarni Yerdagiday, xayolan oʻlchab, birovlarga taqsimlab berishayapti. Roʻyxat tuzib, banklarga pul oʻtkazilayapti. Bu fantaziya emas, haqiqat.

“Yerda hayotni ming yillar davomida tartibga sololmagan odamzod Osmonni gullatadimi?” deb oʻyladi oʻzicha Husan.
— Jon ogʻayni, maqsadga oʻtaver, — dedi.
— Men shu harakatga qoʻshilmoqchiman.
— Qoʻshilaver! — “ruxsat” berdi Husan.
— Menga ishonganing uchun rahmat... Men sendan biron narsa iltimos qilmaganman. Chunki mendek sen ham oʻz aravasini oʻzi tortgan kishisan. Yerda yuribsan. Birodaring Hasan aka boshqa. U kishi Osmonda, deyish mumkin.

Husanning xayoli qochdi: “Nega Hasanni endi bu eslayapti?”

Lekin egizaklar bora-bora qarama-qarshi qiyofa kasb etayotgani rost!

Husan — kamtar, oʻzini xokisor (tuproqqa teng) tutishga harakat qiladi.

Hasan — oʻzini baland parvoz (havoda uchib yurgandek) tutadi. Kibor. Buni tabiiy hol, deb biladi.

Ularning yashash holati ham shunga yarasha!

Uning xayoli boʻlindi.
— Iltimos, meni Hasan aka bilan tanishtir.
— Nega?
— Menga ish yuritish uchun mablagʻ kerak.
— Men bunga aralasholmayman. Oʻzing tanish. Oʻzing gaplash... Ayniqsa, hozir bu koʻngilga sigʻmaydi. Hasan ogʻir yotibdi, — “avariyaga uchragan” deyishga Husanning tili bormadi.
— Oʻtgan boʻlsa, borib koʻrishning ayni mavridi emasmi?
— Ey... — Husan xafa boʻlib ketdi.

Hayotda halol yoʻl bilan pul topish qiyin shekilli!

* * *

Sham

lap-lap

yonadi.

Oppoq kapalak qanot qoqqandek.

U erib bitgunicha atrofni yoritadi.

Odam ham shu! Umrida atrofni yoritishi kerak.

Ammo biz doim bunday qilolmaymiz.

Oʻzini shamdek yoqib, ozgina, ojizgina boʻlsa-da, nur taratishga aksar qurbimiz yetmaydi.

Bizning qonimizda zulmat koʻp.

Arofni yoritish qayoqda? Bizga biron nafi tegadigan boʻlsa, yoʻlda koʻringan ShAMlar (ChIROQlar)ni aksincha, oʻchirib yuramiz. Tap tortmay!

Qoʻllaringni qanotdek silkitish, oʻzingni Osmonda deb bilish mumkin. Lekin bu — Parvoz emas.

Inson — Jismi, Ruhi pok holatga kirib, atrofni yoritmagunicha Osmonga koʻtarilolmaydi.

Insoniyat hali Zulmatdan qutulgani yoʻq.

Biz muallaq bir holatdamiz.

Xudoyim! Kechirgin.

Xudoyim! Bu ne hol? Sen odamni teng, olamni toʻkis yaratding! Koʻrkam yasha, ahil yasha, shukrona qil, deding!

Biroq

Odam Ato farzandlari (yana oʻsha, Qobil va Hobildan boshlab) koʻpkariga tushgandek, oʻrtaga tashlangan “buzoq”ni har yoqqa tortdilar. Ular — Xudbin va Badbin, — ahil, koʻrkam yashayolmadilar.

Insonning bunday

noteng, nokomil

ekanligi, bunday

telba haoʻtida

hikmat nima, xudoyim?

... Husan ich-ichidan zil ketayotgan edi.

Nazarida, oʻzini ayovsiz tutgan, Hamroga ozor bergandi.

Hamro (ichmaganiga qaramay) ana-mana yigʻlaydigan ahvolda qolavergan edi.

Gʻarib osiy banda!

Ularning butun suhbati ikki kishining aljirashiga oʻxshar edi.

* * *

Kasalxona eshigi bu kun ochiq.

Hovliga kirib ingichka yoʻlkadan uzun bino tomon yoʻnalgan Husan, daraxtzorda shunchaki vazmin odimlayotgan keksa bir bemorni koʻrib qoldi. Bemor ham boshini koʻtarib unga koʻz tashladi.

Marat boboning kasal ekanligiyu cholni bu yerda uchratishini u xayoliga keltirmagan edi. Bir gal koʻchada cholning aft-angorini bobosi Abdurahmon Xoʻja, otasi Ismoil Xoʻjaga oʻxshatgani yodiga tushdi. Oldingi kecha tushida koʻrganini ham esladi. Shoshganicha, peshvoz yurdi. Hol soʻrashdi.

Shu asnoda ilm egallayman, yoshlarni tarbiyalayman, deb yugurib-elib, mahallada ba’zan ma’raka-marosimda qatnashishdan nariga oʻtmagani, qoʻni-qoʻshni, ular orasida Marat boboga to hozir hech qachon ishi boʻlmagani, Bu Odamning hayoti, qismati, yurakdagi dardi-hasrati nima, qiziqmagani...

mana, endi oʻzi ham keksalik sharobini yutishdan uncha uzoqda turmaganini...

his etdi.

Va shu asno

soʻqqabosh, kimsasiz qariyaga lutf koʻrsatib yaxshi bir soʻzlar aytgisi keldi.

Ammo soʻz topolmadi.

Qariyani bagʻriga bosgandek boʻldi.

Biroq bu ham allaqanday rasmiy tus oldi.

Nihoyat, jiyani ham shu kasalxonada yotganini aytdi.

Marat bobo qoʻl ochib duo qildi.

Husan binoga kirib, oʻziga kerakli palatani topdi.
— Oʻmonqul hozir chiqib ketdi. Koʻrmadingizmi?
— Yoʻq, — dedi Husan.
— Sizlarni rosa ovora qilibman.
— Biz mayli. Dadang...
— Dadam kelgan edimi? — deb qiziqsindi Voris. — Koʻrmadim.
— Daragingni bilsa, uchrardi-da!
— Oʻmonquldan boshqa hech kim bilan xabarlasholmadim. Koʻnglimga sigʻmadi, amaki. Uzr!

Ular xonaga tutash ayvonga chiqib oʻtirishdi.

Voris hamshira qizlarga choy buyurdi.
— Oʻzi Navoiyda yuribsanmi?
— Navoiyda! Lekin dadam bilan birga emas. Sahro etagidan hovli olganman. Kundalik qora mehnat.
— Dadang oʻz yonida boʻlishga qistamayaptimi?
— Bu ham bor. Dadam meni oʻzicha yaxshi koʻradi. Men ham... Lekin men aqlimni taniganimdan onamning qoʻlida, erkin oʻsganman. Dadamning uyida turolmayman. Zerikaman. Ba’zan odamni “yosh bola”ga aylantirib yuboradilar.
— Ota-bola bunday yurganlaring yaxshi emas. Murosa-madora qilinglar.
— Bunisi toʻgʻri, — dedi Voris. Shuning barobarida, chuqur xoʻrsinib qoʻydi.
— Toʻyning oshini qachon yeymiz?
— Qanaqa toʻy?
— Oʻzingni goʻllikka solma. Menga aytaverish mumkin.

Voris amakisidan baribir uyalar ekan, duv qizardi:
— Bu ishda ham dadam bilan kelisholmayapmiz.
— Bu yerdan qachon chiqmoqchisan?
— Indin. Tugʻilgan kunim! Shunga qarab chiqmoqchi edim.
— Tabriklayman! Bir kun oldinga surish kerak.
— Tugʻilgan kunnimi?
— Yoʻq, albatta. Men ertaga Navoiyga borayapman. Birga boraylik, demoqchi edim.
— Men uch-toʻrt kun yursammikan? Oʻmonqul bilan...
— Hozir bu qiyin, — dedi Husan. — Mening rejam buziladi. Bunisi mayli. Dadang ogʻir yotibdi.
— Haligina keldi, dedingiz-ku?
— Keyin shunaqa boʻlib qoldi. Borish shart. Qolgan gaplarni yoʻlda gaplashaveramiz.

Voris amakisining soʻzlariga tushunmay gangib qolgan edi.

Husan oʻrnidan turdi.

Voris uni darvozaxonagacha kuzatdi.

* * *

Uning xayoli birodari va jiyani bilan band edi.

Rastaga yetib kelganida bexos uzoqdan oq kiygan gavdali kishini koʻrdi. Turqidan arvohni eslatgan kishi yoʻl tomon katta-katta odimlab borardi.

Husan sarosimalanib qoldi.

Maydonchada roʻy bergan voqeani bu kun biron marta eslamagani, tasodif muloqotni kutmaganidan, shu dam oyoqlaridan mador qochgandek boʻldi.

Yoʻq. Oʻzini darhol oʻngladi.

Qadamini tezlatdi.

Vajohatli kishi yoʻl yoqasidagi mashinalar ortiga oʻtib ketdi.

Husan ham shu yoqqa qarab yurdi.

U hamon nima deyishi, qanday gaplashishini bilmasdi.

Ammo nazarida, gaplashish shart edi.

Mashinalar ortiga oʻtgan edi, koʻzi tushdi:

narigi tomondagi koʻcha betida koʻp emas, oʻn-oʻn besh chogʻli keksa-yosh ustiga qizil baxmal yopilib olacha chopon tashlangan kichik bir tobutni koʻtarib borishardi.

“Bola!” deb oʻyladi oʻzicha Husan va unga bu — oʻsha, rastadagi bola boʻlib tuyuldi. “Biz koʻplashib uni asrayolmadik!” degan gap xayolidan kechdi.

Gavdali kishini Husan koʻzdan qochirib qoʻygan edi.

Musulmonchilik! Bir dam parishonlangach, yugurib borib tobutga yelka tutdi.

Ayni soniyada tobutni unga yonma-yon oq kiygan kishi koʻtarishib borayotganini payqadi.

“Bu Inson odamiylik qila olar ekan, nega hayvonlik qildi? Hayvonlik qilar ekan, nega odamgarchilik qilayapti?

Dunyoning ishlariga hech qachon

oxirigacha

tushunib boʻlmas ekan!”

Husan yana, beixtiyor:

“Voqeaga ortiq qiziqishda ma’no yoʻq!” deb oʻyladi.

* * *

Uyga qarab ketayotib, oʻz bolalik kunlarini, otasi Ismoil Xoʻja amakisi Ibrohim uchun qaygʻurib, hayotda duch keladigan sarson-sargʻardonliklar haqida gapirganini esladi.

Uning koʻz oldiga qaytib birodari Hasan, jiyani Voris keldi.

“Ota-bola nimani talashadi?

Ulardan qay biri aybdor?

Bizga umr boʻyi haqiqat bitta deyishdi. Barchani bir yoʻlga solmoqchi boʻlishdi. Insonlar esa har biri Oʻz Haqiqati bilan yashadi... Bu nima, adashishmi, jaholatmi yoki azaldan kelgan “hayot qonuni”mi? Insoniyatning boshini biriktirib, uni Buyuk Haqiqat (adolatli, ahil, baxtli yashash)ga boʻysundirish, oʻrgatish mumkinmi? Mumkin emasmi?”

Husan xayolida aylangan savollarga javob topmayotgan edi.

10

Amakisini darvozaxonagacha kuzatib qaytgan Voris, palata eshigi oldida turgan — egnida kasalxona kiyimi, ammo boshida doʻppi, ixcham oppoq soqolli kishini koʻrdi.
— Birovni kutayapsizmi, otaxon?
— Shaxmatni bilasizmi? — savolga javob oʻrnida soʻradi dabdurustdan qariya. — Oʻtganimga uch kun boʻldi. Oʻynaydigan oʻrtoq topolmayapman.
— Taxta qayerda?
— Xonada. Yuring.
— Sizlar nechi kishi?
— Uch kishi.
— Boʻlmasa, bu yoqqa olib keling. Men bir oʻzim.

U xonaga kirishi bilan izidan chol shaxmat taxtasini koʻtarib keldi. Stol ustiga taxtani qoʻyganicha, donalarni tera boshladi. Xatti-harakati erkin va gʻayur, shu bilan birga, aft-angori osoyishta edi.

Voris ilk qarashda bu odam oʻzbekmi, tatar yoki ozarmi? — ajrata olmadi. Oʻshini ham taxmin qilolmadi.
— Oldin bir piyola choy iching, — dedi donalarni terib boʻlgan qariyaga.
— Choy keyin, — dedi u.

“Jang” boshlandi.

Voris chuqur sukutga choʻmib sekin oʻynar edi.

Raqibi undan ham sekinroq oʻynar ekan. Lekin oʻynayotib allabir qadim nidolarni eshitilar-eshitilmas, past tovushda oʻzi-oʻzicha xirgoyi qilishga odatlangan ekan.

Ana, koʻp oʻtmay xirgoyi qilishga tushdi:

Dilda darding boʻlmasa, dardi sarimni kovlama...

Buni ikki-uch qaytargach, yangi misraga koʻchdi:

Ma’rifatdan bexabarsan. Gavharimni kovlama...

Sal turib, butun nidoni “yangi”ladi:

Bihisht ayvonida boʻlmoq ilojin orzu qilmay,

Sotarga dinu dunyoning rivojin orzu qilmay,

Yana Rumu Xito boju xirojin orzu qilmay,

Shahi roʻyi zaminning taxtu tojin orzu qilmay —

Gadoi faqr boʻldim. Sayr etarman bahru bar tanho...

Voris, umrida oʻzi ham ehtimol faqirlik va tanholikda bahru bar (dengiz va quruqlik)da kezgan Bu Odamga nisbatan koʻnglida qiziqishmi—hurmat tuydi.

Ular uch qoʻl oʻynashdi.

Qariya ikki marta Vorisni yengdi.

Voris bir marta yutdi. Ammo unga chol atay yon bergandek edi.

U oʻrnidan turib, bu gal oʻzi choy damlab keldi. Yangi tanishini dasturxon yozigʻliq ayvonga taklif qildi.
— Uzr. Nechiga kirdingiz, otaxon?
— Saksonga yaqinlashdim... Ismingiz nima, yigit?
— Voris.
— Hali kelgan Husan Xoʻjaning jiyanimisiz?
— Amakim! Katta olim. U kishini taniysizmi?
— Biz bir mahalladan... Meni Marat bobo deydi.
— Kechirasiz, nega Marat bobo? — deb ehtiyotlanib soʻradi Voris.
— Kim bilsin, balki Muroddirman? Bir kunlar Muroddan Marat avlo koʻringan boʻlsa kerak, shunaqa yozishgan. Aslida, ikkisi ham emas... Men balki, qaroqchilar kemada koʻksiga tigʻ sanchib dengizga uloqtirgan Darvesh-qalandardirman? Balki, odamlarni gʻaflatdan uygʻotgan, vaqti-vaqti bilan ogohlantirgan Chol-Nuhdirman? Balki, Ona Yeri tortib olingan, mosuvo koʻyga tushgan Shahzoda? Balki, sahroda tentiragan, zindonda jandasi qolgan yana bir Darvesh? Oʻzim ham bilmayman. Umrimda ismimdan tortib hamma narsa qorishib ketgan... Faqat, esimda. Bir payt bizni qandaydir gʻorga olib borishgan. Biz u yerda koʻprik qurganmiz. Nima maqsadda? Aytolmayman. Qator boʻlmalardan iborat gʻor. Har qaysi boʻlma xonaqohga oʻxshaydi. Bir necha tubida suv, chuqur hovuzmi, koʻlmi? Ular orasida orolchani eslatgan nam yer. Biz mana, shu doʻngliklarni “birlashtiradigan” osma koʻpriklar qurganmiz.
— U gʻor qayerda?
— Bizdan joyni pinhon tutishgan. Oʻshandayoq gʻorning “ogʻzi” ham yopib tashlangan. Bilmayman... Koʻz oldimda koʻrkam muzsaroy. Ohaktoshdan tiklangan haybatli ustunlar. Qandillardek sumalaklar. Biz qurgan osma koʻpriklar yurganingda belanchakday tebranadi. Lopillaydi... gʻorda chiroq oʻrnatib atrof bir oz yorishganida meni bir narsa ayniqsa, ajablantirgan. Abadiy muzlik ichida, xonaqoh gumbazidek tepada qushlar uchib yuribdi. Koʻrshapalak boʻlishi ham mumkin! Lekin men qushlar deb oʻylaganman. Ular qachon, qayerdan gʻorga kelib in qurganini bilib boʻlmasdi... Men koʻrgan dunyo shu edi!
— Sakson yosh uzoq umr, — dedi Voris. — Bundan boʻlak biron voqea xotirangizda qolmaganmi?
— Mening boshimga koʻp urishgan, bu boshimda kaltak sindi, degan ma’noda emas, aniq! Gʻira-shira allanimalarni eslayman... Suyangan toʻrt ogʻaynim meni sotdi. Hatto dushmanga aylanib yoʻqotishga harakat qilishdi. Ketdim... Koʻp sarson-sargardonliklar koʻrdim. Birov sen bosmachisan, sen qoloqsan, vahshiysan, sening tarixing ham, din-e’tiqoding ham bir chaqa, deb koʻksimdan itardi. Birov meni qul qilib ishlatdi... Bir qizni yoqtirardim. Dengizda gʻarq boʻldi... Bir gal uylanib, ozmi-koʻpmi yashadim ham. Lekin oʻsha, oʻzim yoqtirgan qizni unutolmadim. Ketdim... Mana, endi qaysi makon, qaysi zamonda yuribman? Oʻlgʻiz xudo biladi.

Voris Marat boboning soʻzlaridan qattiq ta’sirlangan, hozir u oʻzini Bu Olam chegarasidan tashqaridagi Bir Olamga nazari tushgandek sezayotgan edi.
— Mening bobom Ismoil Xoʻja degan kishi edilar, — deb hikoya qila boshladi Voris. — Tirik boʻlsalar, u kishining ham yoshi saksonga yaqin borardi. Bolalik paytim bobom ba’zan Ibrohim degan akalari yoʻqolgani toʻgʻrisida gapirar, koʻpincha koʻzlariga yosh olar edilar... Siz menga ularni eslatdingiz! Men ertaga kasalxonadan ketayapman. Qachondir yana siz bilan koʻrishish nasib etadi yo yoʻq. Shuning uchun, ijozat bersangiz, hech kimga, haligina amakimga ham ochiq-oshkor aytmagan ba’zi bir gaplarni sizga aytsam...
— Ayting, — dedi Marat bobo.
— Bola edim, ota-onam ajralib dunyoning shafqatsizligiga tushunmay, to hamon yuragimda buning asorati qoldi. Asosan, onam qoʻlida tarbiyalandim. Bobom Ismoil Xoʻja, buvim Bokira bonu goh-goh mendan xabar olib turishardi. Dadam ham... onam Kurbonoy dunyodan oʻtguncha ham, keyin ham menga doim mehr koʻrsatgan! Lekin bora-bora dadam bilan men biri-birimizdan uzoqlasha boshladik. “Begona”lasha boshladik. Dadam aravani bir yoqqa, men boshqa yoqqa tortayapmiz! Albatta, otaning otaligini tushunaman, imkon yetkanicha keskin muomaladan saqlanib yuraman. Dadam badavlat, kibor, odamlar yarim qiziqish, yarim qoʻrquv bilan qaraydigan hukmfarmo kishi! Barchadan koʻra yaxshi yeb-ichish, chiroyli kiyinish, dabdabali uyda yashash, dabdabali yurishni hayot mazmuni deb bilgan, moddiy manfaatni birinchi oʻringa qoʻygan oʻzi-oʻziga xon, oʻzi-oʻzicha bek kishi! Shu bilan birga, qiziq joyi, ichida ojiz, jur’atsiz qulni eslatadi. Atrofdagilar ham unga oʻxshab qul boʻlishini istaydi! Menga muttasil, unday dema, unday qilma, tarzida talab qoʻyadi. Ogʻziga agʻrayib qarashimni, u chizgan chiziqdan yurishimni — bolalik kunlarimdan, ayniqsa endi — boʻynimga yuklagisi, meni xuddi kishan-zanjirga solgisi keladi. Men oʻzimni ozgina erkin tutsam, bu uning gʻashiga tegadi, norozi boʻlayotgani koʻrinadi.

Men tushunmayman, biz qadimdan qudratli, ozod, magʻrur ajdodlar nasli emasmi? Qonimizda mutelik, qullik qayerdan keldi? Kim, qachon bizni bunchalik qulga aylantirdi? Dadamning oldida yurt haqida, millat haqida, til haqida gapirish mumkin emas. Sen xato yoʻlga kirayapsan, aljirayapsan deydi. Na uzoq tarix, na dalillar orqali fosh boʻlayotgan yaqin tarixni eslash ham mumkin emas. Chidayolmaydi. Sen turli unsurlar, millatchi-jadidlarga ergashma, ular gunohi borligi uchun qamalgan, otib tashlangan, toʻgʻri qilingan deydi. Fitrat, Qodiriy, Choʻlponlarni ham shu safga qoʻshadi. Ularga xayrixohlikni adashish deb biladi. Umuman, yurt ahvoli, xalq borasida dadam bilan soʻzlashmagan durust! Insonga zoʻravonlik oʻtkazib boʻlmasligini tushuntirolmaysan...
— Sizga qiyin ekan, yigit, — dedi Marat bobo sal parishonlanib. — Onadan, otadan shikoyat qilish, ona yoki otaning koʻziga tik qarashning oʻzi joiz emas. Musulmonchilikka kirmaydi! Bizga shunday tarbiya berilgan... Yana aytsam, birovni ortiqcha muhokama qilmagan ma’qulroq boʻlishi kerak. Bu dunyo – u dunyo har kim oʻzi uchun oʻzi javob beradi... Bundan tashqari, men yillar boʻyi oʻylab, itoat yaxshimi, erkinlik yaxshimi? Qay biri afzal? Aniq hukmga kelolmadim. Oʻshligim qaytsa, balki boshqacha yashar edim. Bu sizga ham, dadangizga ham tegishli... Umrimda bir xulosa yasadim, bizni qusurlar, illatlar emas, odamga nafrat bilan qarashga oʻrgatishgan, oiladan tashqi tarbiyamizda birovni mahv qilishga moyil kayfiyatga “tayyor” turqqa “kiritishgan” ekan. Kechirilmas hol! Sharoit odamiy boʻlishi kerak... Mening gaplarim betartib, yigit. Xafa boʻlmaysiz.
— Hammasi toʻgʻri. Lekin dadam ham meni yengiltaklik qilayapti, bolalik qilayapti, deb oʻylaydi. Holbuki, yoshim oʻttizga borayapti, dunyoda ming yillik qadrlangan tushunchalar, muqaddaslik, ezgulik bor, ularga rioya qilmasa, yashashda ma’no qani? Men bir qizni yoqtiraman...
— Chiroylimi? — deb bexos-dabdurustdan qiziqsindi Marat bobo.
— Chiroyli. Aqlli. Hayoli.
— Ismi nima?
— Marvarid!

Vorisning nazarida, Marat bobo yelkalarini, boshini adl koʻtargandek, koʻzlari yarq etgandek boʻldi:
— Marvarid?
— Shunaqa... Yaxshi qiz. Birgina aybi, qoʻli qisqa oiladan. Buning ustiga, mendek u ham erkin fikr yuritadi, dadam meni u yoʻldan ozdirayapti, deb tushunadi. Shuning uchun, tish-tirnogʻi bilan qarshi. Menga boshqa bir qiz qidirayapti.
— Oʻylab koʻring, oqayotgan bir hovuch suvning yoʻlini toʻssa, u yon tomonlardan yoʻl izlaydi, — dedi negadir Marat bobo.
— Men sahro etagidaman. Bir gal otda borayotib uzoqdan nay sadosini eshitdim. Shundan buyon oʻsha sado qulogʻimda. Osoyishtaligim yoʻqolgan. Ba’zan toqatsizlanib har yoqqa ot choptiraman. Oʻsha sadoni yana, yana eshitgandek boʻlaman. Bu qayerdan kelayapti, kim? Bilmayman.
— Sahro dengiz tubiga, dengiz tubi sahroga oʻxshaydi, — dedi Marat bobo oʻychan.
— Meni duo qiling, otaxon. Shu qizdan ajralmay! Unga yetishay!

Marat bobo qoʻl ochib duo qildi.

* * *

Ertasi kuni Voris kasalxonadan ketayotib, Marat bobo bilan xayrlashgisi keldi. Chol yotgan palata ostonasiga bordi.

Toʻxtadi.

Eshik qiya ochiq.

Xonada Marat bobo yolgʻiz.

Oldida shaxmat taxtasi.

Oʻzi-oʻzicha dona surmoqda, eshitilar-eshitilmas, past tovushda eski bir nidoni xirgoyi qilmoqda edi:

Xoʻja, sayyid, beku xon — sardorlar badkor esa,

Zulm tigʻin tez eturda — har biri nomdor esa,

Kosa-les, kazzob shayxlar — bu vatanda bor esa,

Mazlum ellar ingrashubkim, parcha nonga zor esa —

Kufr eliga Mashrabidek rahnamo paydo boʻlur...

Lahza ichida Vorisning koʻzi oldida

butun olam

goʻyoki charx urdi.

“Bu vatan...

mazlum ellar...

parcha nonga zor...

kufr eliga rahnamo...”

Ajabo! Bizga soʻnggi asrda rasmga kirgandek tuyulgan gaplar necha asrlar burun (ehtimol, ming yillar burun ham) his etilgan, aytilgan ekan.

Bu nima? Odamlarni tabaqalar (sinflar)ga boʻlish qadimdan bormi?

Hayotdagi haqiqatmi? Uydirmami?

Tabiiy holmi? Toʻqilganmi?

Buni “sinfiy kurash” degandek soʻnggi asrlarda hukm surgan notoʻgʻri qarash, desangiz ming yillar davomida “Mazlum va Zolim” tarzida fikr yuritilgan.

Yana, Xalq (“Koʻzi vaqti sahar sayyora boʻlgan Xalq”)!

El-ulus. Fuqaro (“Faqir” soʻzining koʻplik shakli emasmi?!)

Oʻrtada shaxmat taxtasi.

Nega donalarning haq-hukuqi bir xilda emas?

Gap birov boy, birov kambagʻal oilada tugʻilganida emas. Garchi oʻshandayoq nohaqlik, adolatsizlik roʻy bersa-da, inson intiluvchan, oʻzgaruvchan mavjudot! Birovning qismati boshqaga oʻxshamaydi! Muhimi, butun Yer yuzida hamon Nohaqlik, Adolatsizlik uchrab turganida.

Oʻrtada shaxmat taxtasi!

“Husan amakidan bu borada soʻrash kerak.

U faylasuf. Balki, biladi”.

Kufrdan, kufr eliga aylanish, yana rahnamo boʻlishdan Oʻzing asra, ey Xudo!

Barchamizga (har bir bandaga) Oʻzing insof ber! Diyonat ber!

Jaholatdan, turfa isyonlardan, yoʻllarda toʻkilgan qonlardan, yuz tuman falokat va halokatlardan Oʻzing asra!

... Voris Marat boboga xalal bergisi kelmadi.

Orqaga chekindi.

Eshikdan sekin uzoqlashdi.

Uchinchi qism - INSON VA HAYVON

11

U bolalik paytidan yuragida bir ogʻriq sezsa-da, ba’zi er-xotin ajralgan oilalarda boʻlganidek, dadam onamni, meni tashlab ketgan, deb otasidan hech qachon norozilanmagan, hatto oʻpkalanmagan edi. Vaqtida onasi Qurbonoy ota-bolani biri-biriga qarshi qoʻymagan ham edi! Voris otasiga ortiqcha biron e’tiroz bildirgani ham yoʻq! Aksincha, ota tomonidan unga e’tiroz bildirilayotgan edi. Ota oʻz bolasi bilan koʻpdan buyon kim kimni yengadi, qabilida ish tutib, unga keskin hukmini oʻtkazishga urinayotgan edi.

Ana, amakisi bilan u mashina yollab, Navoiyga joʻnashdi.

Yoʻlda Husandan Voris otasi avtofalokatga yoʻliqqanini eshitdi. Shunchaki dadamning tobi qochgandir, deb oʻylagan edi, allanechuk boʻlib ketdi.

Uydan xafalashib chiqqan edi. Dadam qidirib ham yurmasin, degan xayolda birovga indamay Toshkentga qarab joʻnagandi. Mana, endi otasi qaysi ahvoldayu ikkov qanday yuzlashishadi, bilmaganidan qaygʻuga botgan edi.

Voris bir necha yaqinlarini tuproqqa topshirgan. Ota tomondan bobosi, buvisi, ona tomondan yana bobo va buvi, nihoyat onasi Qurbonoy. Oʻlimdan uning yuragi zada edi. Shu bois qoʻrqayotgandi. Inson dunyoda Omonat Vujud!

Kech yoʻlga chiqishgan edi, qorongʻi tongda Navoiyga yetib kelishdi.

Uyda barcha barvaqt turib nonushtaga tayyorgarlik koʻrishayotgan ekan. Darhol dasturxon yozishdi.

Birinchi galda ular Hasanning ahvoli bilan qiziqishdi.

Norgul:
— Bir oz yengil tortdilar. Bugun reanimatsiyadan palataga oʻtkazishi kerak, — dedi.

Bu gapda taskin boʻlsa-da, Vorisning hamon koʻngli notinch edi.

Nonushtadan keyin, Norgul, ortidan bolalari — Qudrat va Ma’suma, lom-mim demay xonadan chiqib ketishdi. Ancha hayallab, bir mahal har xil tugun-tugunchaklar koʻtarib kirishdi.
— Tugʻilgan kuningiz bilan, aka.
— Tabriklayman, oʻgʻlim.

Tugʻilgan kun “esdan chiqqan”dek edi.

Voris ta’sirlanib koʻzlari yoshlandi.

Sening dunyoda shulardan yaqin kishing yoʻq, degan gap xayolidan kechdi. U dadasi oldida oʻzini ozmi-koʻpmi aybdor sezdi. Mening kasrimga otam falokatga yoʻliqib, ogʻir holga tushmadimikan, deb oʻylab iztirob chekdi. Shuning barobarida, Voris his etayotgan edi: sut bilan kirgan jon bilan chiqadi! U oʻz e’tiqodidan (rahmatli onasi bergan tarbiyadan, qolaversa, ajdodlardan kelgan tarbiyadan, yana, deylik, hatto Marvariddan) voz kechib, otasi koʻrsatgan yoʻldan yurishi yoki unga hamma narsani qurbon qilishdan saqlanib, yana... yana uzoqlashib boraverishiga toʻgʻri keladi.

Dunyoqarash masalasi naqadar murakkab!

Bu — azobli, ozorli, gohida qonli yoʻl!

Voris shu palla “Soʻna” degan kitobni, Arturni esladi.

Ota bilan bola bunday toʻqnashishi shartmidi?

U e’tibor berdi. Yangi “ona”si — Norgul oʻzicha Husandan koʻra Hasan katta (alifboda ham “a” — “u”dan ancha oldin keladi, birinchi harf!) degan fikrda boʻlsa kerak, otasi toʻgʻrisida amakisiga “akangiz” deb gapirar ekan. Husanga murojaat qilib:
— Akangiz sizlarni koʻrib tezroq turib ketarmikanlar? — dedi.

Amaki bilan jiyan kasalxonaga borishga shaylanishgan edi, Norgul yana:
— Shoshmanglar, — dedi. — Hozir mashina chaqiraman.
— Oʻzimiz boraveramiz.
— Mashina baribir, bekor yotibdi. Xizmat qilsin!

* * *

Ular koʻchaga chiqib, mashinani kuta boshlashdi.

Xijil kayfiyat, tund holatda ekanligiga qaramay, Vorisning xayolidan kechadan buyon Marat bobo ketmayotgan edi. Husanga:
— Marat bobo degan kishi bilan tanishdim, amaki, — dedi.
— Qoʻshnilardan. Mahallada faol, — dedi Husan. — Bir xonali panel uyda turadi. Ba’zilar yolgʻiz ekansiz, deyishsa “Nega, yolgʻiz? Xudo bor!” deydi. Barcha yoppasiga dahriylikka oʻtgan bir paytda ham xudoni unutmagan shunday kishilar uchraydi.
— Siz-chi? — hurkibgina soʻradi Voris.
— Bizning bobomiz, otamiz xudojoʻy edilar. Keyin, kundan-kun butun eshiklar mahkam yopildi. Mening xatolar, gunohlarim yoʻq emas, lekin kasbim mumtoz falsafa ekanligi meni qutqargan, yuragimda men ham xudodan qaytmaganman. Doim farzu sunnat deb yurmayman-ku, ba’zan yashirincha iltijolar qilaman.
— Meni soʻkmang, amaki, rosti, dadamga tushunmayman, odamlardan uzilgan. Navoiyda keksalar bundaylarga “dunyosini sotgan” yoki “sotilgan” degandek noxush qarashadi. Dadam ishonmaydimi, qoʻrqmaydimi...
— Unaqa dema. U — sening otang, mening birodarim! Har qanday kishi boshiga kulfatmi-musibat tushsa, xudo deydi. Chunki ikki dunyo orasida Bir xudo bilan bir oʻzi qoladi! Dadang sir bermasa kerak. Marat boboga oʻxshaganlarning yoʻrigʻi boshqa.
— Gʻaroyib inson ekan! Koʻpni koʻrgan, — dedi Voris.
— Men uni yaxshi bilmayman.
— U menga bobom Ismoil Xoʻja bilan akasi Ibrohimni eslatdi.
— U bir gal menga ham bobomni, otamni eslatgan, — dedi Husan. — Odamga odam oʻxshaydi. Umuman, darveshsifat kishi. Ba’zan allaqaysi dengizlaru kemalar haqida gapirib yuradi.

Darvoza oldiga mashina kelib toʻxtadi.

Voris ajablandi. Mashina — oʻsha, oldingi mashina, haydovchi ham — oʻsha, tanish Abumuslim. Qiziq, “katta xoʻjayin” bir oʻzi avtofalokatga yoʻliqqanmi?

Yoʻlga tushishgach, haydovchidan soʻradi:
— Aravangiz ziyon koʻrmapti shekkilli?
— Bu ham bir yogʻi pachoqlangan, kasal edi. Ikki kunda tuzattirib berishdi. Endi olib chiqishim!
— Oʻmon ish boʻlibdi, — gapni Hasanga burib, luqma tashladi Husan.
— Gapirmang. Oʻmon, domla! Baribir, soʻraysizlar. Soʻramaganda ham, ichlaringda bu voqea nega roʻy berdi, deb oʻylaysizlar... Xoʻjayin oʻzim haydayman, dedilar. Koʻnmasam boʻlarkan! Buning ustiga, yonlarida qotib uxlab qolibman. Charchagan edim. Mashina aksiga, chap tarafdan daraxtga borib urilgan. Men ziyon koʻrmaganim bolishdan...
— Bolish?
— Loʻla, deymizmi, yostiqmi? Xoʻjayin ba’zan orqada yonboshlardilar, — deb soʻzini davom ettirdi Abumuslim. — Shuni olib, koʻksimga bosib uxlayotgan edim. Zarbani qaytargan! Eng yomoni, menga hech narsa qilmagani. Oz-moz lat yeganman, xolos. Kasalxonaga meni yotqizishmadi ham! Abjagʻim chiqsa, yaxshiroq edi...
— Unaqa demang! — nasihat qildi Husan.
— Siz bilmaysiz-da, domla, Voris akam biladilar.. Xoʻjayinning kechirmay uzoq kek saqlab yurish odatlari bor. Haydab yuborsalar, mayli, shukr deyman. Meni qiynab, yoʻq qilib, bola-chaqamni qon qaqshatishlari mumkin. Hali koʻrasizlar, u kishining qoʻlidan keladi. Yangamning oyoqlariga yiqilib, yolvorib yuribman.
— Biz ham aytamiz. Kechiradi, — va’da berdi oliyhimmat Husan.

Bu “biz” faqat Husanga tegishli. Voris Buxorodan Navoiyga koʻchganidan buyon rasmga kirgan zulmdan oʻzini qanday qutqarishini oʻylashi kerak! Qani, endi aqalli qaytib Buxoroga qochishning iloji boʻlsa! Qoʻymaydi. Kun ham bermaydi!

U amakisining hurmati, ogʻir ahvolga tushgan otasining yuzi uchun bu yoqqa kelishga kelib, munosabat yaxshilanishi mushkul ekanligini sezib turar edi.

* * *

Kasalxonada, tiklanish (reanimatsiya) boʻlimidagi moʻ’jaz bir xonada Hasan baland karavotda yotardi. Uning boshi, yelkalari dokaga oʻrab tashlangan. Lekin ikki beti qip-qizil, koʻzlari chaqnagan, bu — oʻnglanish alomatimi yoki kuchli dorilar ta’sirimi? — bilish qiyin. Oʻgʻli bilan birodarini koʻrib — kutayotgan ekan! — siniq jilmaydi.
— Bir oʻlimdan qoldim, — dedi va shu damdayoq soʻradi: — Uyga kirib chiqdinglarmi?
— Kirdik.

Ular karavot yonidagi kursilarni egallashdi.
— Abumuslim qayoqda ekan?
— Koʻchada turibdi.
— Nega kirmadi? Muttaham!
— U sizdan qoʻrqadi! Shuning uchun qochib yurgandir?
— Sen ham gapirasan! Mard boʻlsa, qochmasdi.
— Siz uni kechiring! Oʻzi tavbasiga tayangan, — deb bergan va’dasini bajardi Husan.
— Koʻramiz! — dedi Hasan bu gapga ortiqcha e’tibor bermay.
— Ikkovlaringni ham xudo asrabdi! Ayb unda emas!

Hasan bu gapni qulogʻi ostidan oʻtkazib yubordi.

U nogoh oldingidan bardamroq tovushda “boshidan oʻtgani”ni hikoya qila boshladi:
— Ba’zan oyogʻim ogʻrib turardi. Oʻsha kuni havo nam kelganidanmi, qattiq ogʻridi. Bosilarmikan, deb rulga oʻtirgan edim. Shunday bir voqea roʻy berdiki! Aytsam, birov ishonmaydi... Yoʻlda qop-qora xunuk bir maxluq paydo boʻlib, mashinaga qarab yurdi, uni chetga surib tashladi...
— Buni har kimga aytib yurmang, — dedi Husan.
— Men nima boʻlganiga tushunmayapman.
— Ilm tili bilan aytganda, bu boshqa olamga tegishli holat. Sizdan qandaydir norozilik...
— Katta olimsanu bid’at narsani gapirayapsan. Mening nimamdan norozilanadi?
— Men shu kunlar oʻzimcha oʻyladim. Sizning yaxshi ishingiz koʻp. Lekin yomon ishlar ham... “Hech bir falokat bekordan roʻy bermaydi” degan aqida bor.

Suhbat ikki birodar orasida barayotgandi. Hasan endi Vorisni koʻrib-koʻrmaganga olayotgan, uni goʻyoki “unutgan” edi.

Voris avvallari egizaklar uchraganida sezmagan ekan, Husan “siz”sirab, Hasan “sen”sirashi yarashmagan hol! Aksincha, OLIMga hurmat bilan qaralmaydimi? Shu damda uning aqlli va kamtar amakisiga nisbatan hurmati oshdi.
— Kecha Ibod kelgan edi, — deb mavzuni oʻzgartirdi Hasan. — Eshitib, toʻgʻri samolyotda uchib kelibdi.
— U bizdan chaqqonroq-da! — dedi Husan kulib. — Bizning yukimiz ogʻirroq. Hamro degani ham kelib qolsa, ajab emas.
— U kim? Tanimayman.
— Oʻzi tanishib oladi... Mayli, sizni charchatib qoʻymaylik. Men hali shu yerdaman. Doʻstlarim, shogirdlarim bor, bahonada koʻrisharman.
— Sen nima qilmoqchisan? — deb tuyqusdan jim oʻtirgan Vorisdan soʻradi Hasan.
— Shu yerdaman. Uyimdan bir xabar olsam...
— Darvoqe, sening uying bor! — dedi Hasan kesatib. — Sen, bola, oyogʻingni bilib bos...
— Menga qarang, — dadil soʻzlay boshladi yana Husan. — Bu Navoiy viloyati! Hazrat Navoiy Husayn Boyqaro bilan oʻgʻillarini yarashtirishga umrlarini tikkanlar, eshitgan boʻlishingiz kerak. Men u Zotning qarshisida bir gardman. Lekin sizni koʻrishdan tashqari, bu yerga sizlarni yarashtirgani keldim. Ikkovlaring ham oʻyinni tugatinglar. Yaxshi emas.

Voris dadasining sal chekinib “siz”lashga oʻtganini payqadi. Lekin uning dagʻdagʻasi pasaygani yoʻq.
— Siz bilmaysiz-da, buning qilib yurgan ishini, — dedi nadomat bilan. — Ba’zi odamlarni nochor, ba’zi hayvonlarni, deylik koʻchadagi it-mushukni qarovsiz, deb yosh-bolaga oʻxshab, topgan pulini sochib yuribdi. Oʻziga daxli yoʻq narsalarga aralashib, har yoqda janjal-toʻpolon koʻtarib nima qiladi? Devorga hadeb mix qoqavermaslik kerak! Xoʻp, bu mayli. Mustamlaka edik, deydi, qaram edik, deydi, bu yoʻlda koʻp kishi oʻlgan, deydi. Millatparastlik qiladi. Xoʻp. Mening ra’yimga qaramay, bir qizga uylanmoqchi. Tushunmaydi, oldindan kelgan tartib, oilada birov bosh boʻladi, qolganlar unga boʻysunadi, itoat qiladi. Boʻlmasa, har kim koʻrpani har yoqqa tortib, bosh-oyoq ochilib qoladi, butun hayot tizimi buziladi... Yana gap koʻp, hozir mavridi emas, aytolmayman.

Hasan gapni asoslab aytgan edi.

Husan ancha sukutga choʻmdi.
— Qanday boʻlmasin, ota-bola biri-biringni tushunishga harakat qilinglar. Biri-biriga dushman emas, doʻst boʻlib muomala tutsa, haqiqat ochiladi, — dedi nihoyat. — Sen, jiyan, tilingga ehtiyot boʻl, hamma balo tildan keladi. Kitobdan olgan bilimdan hayotiy bilim farq qiladi. Dadang hayotda tajribali kishi. Qadrla! Oʻrgan! Bundan tashqari, joni achimasa, sen bilan tortishib yurmasdi! — U Hasanga yuzlandi. — Siz ham har narsaga qizishmang. Bugun kechagidan farq qiladi. Dunyo erkin fikrga qarab borayapti. Oʻshlar maydonga kirib kelgan sayin hayot eski qolipga sigʻmay qolar ekan! Atrofga qarang, katta bir oʻzgarishlar roʻy beradiganga oʻxshayapti.
— Hech narsa oʻzgarmaydi! Mana, men aytdim! Men kiyimimni almashtirganim bilan, ichida oʻzimman! — deb toʻngʻillab qoʻydi Hasan.
— Shunga qaramay, yillar davomida men oʻzgardim, siz oʻzgardingiz! Hayot bir yerda turmaydi. Ota-bobolarga koʻp qayishmasangiz ham, sizni bugun ming yillik boy-kambagʻal, nasl-nasab degan tushunchalar qiziqtiradi. Qoʻlim uzun, istaganimni qilaman, deb oʻylaysiz. Meni kechiring, albatta. Lekin “Sayyidsan, xojasan zinhor magʻruri nasab boʻlma!” degan eski gap keladi. Men muhabbat masalasini koʻzda tutayapman. Bu koʻngil ishi. Qoʻying, aralashmang. Yigit oʻz hayotiga oʻzi egalik qilsin...
— Sen ham shu yoqqa tortayapsan! — dedi yana “sen”lashga oʻtib Hasan.

* * *

Ular koʻchaga chiqishgach, Husan uzoqdan gap boshladi.
— Akutagava degan yozuvchi bor. Yapon. Bir hikoyasi menga yoqadi, — dedi. — Budda jannat hovuzi boʻyida aylanib yurgan ekan. Oq nilufarlar bilan qoplangan hovuz tubida, doʻzaxda osiy bandalar azoblanayotgan ekan. Buddaning Kandata degan qaroqchiga koʻzi tushibdi. Qaroqchi umrida koʻp kishilarga zulm oʻtkazgan, odam oʻldirishdan ham toymagan ekan. Lekin u bir kuni oʻrmonda oʻrgimchak uyasini toptash, oʻzini oyogʻi ostida ezib tashlashdan saqlangan ekan. Shu xayrli ishi uchun Budda unga shafqat qilib, uni jahannam changalidan qutqarmoqchi boʻlibdi. Jannat oʻrgimchagining nilufar yaprogʻiga ilingan kumush tolasini suvga tushiribdi. Tola eshilib-choʻzilib doʻzaxdagi dengiz tubiga yetib boribdi. Kandata tolani tutib, yuqoriga chiqa boshlabdi. Ana-mana chiqdim, deganida boshqa osiylar ham tolaga osilib olishganini payqabdi. Baxilligi tutib, senlar hammang emas, bir men azobdan qutulishim kerak, deb barchaga dagʻdagʻa qila boshlabdi. Shu payt u tutib turgan tola chirt uzilibdi... Bu hikoyada qaroqchining yana bad fe’liga borganidan ham koʻra koʻproq, Budda ozgina ezgulikni hisobga olib, kechirmoqchi boʻlgani muhim... Boshqa dindan misol ketirganim uchun xudoyim meni qahriga olmasin. Astagʻfurulloh... Barcha dinlarda xudoki, kechirimli, Rahim va Rahmon ekan, biz nega kin-kudurat bilan yashaymiz? Sen, jigar, otangni kechirishga, keyin u ham seni kechirishiga harakat qil! Hayotda uchragan muammolardan qochishning iloji yoʻq...

Ular koʻcha boshida xayrlashishdi.

Voris boshi gʻuvillab, qandaydir esankiragan edi.

Ota bilan bola toʻqnashishi shartmidi?

“Soʻna”. Artur! Artur...

Albatta, otaga qarshi borolmaysan.

Lekin jadidlar-chi, millat qaygʻusi bilan yashaganlar?

Oʻsha, asr boshida (bu Sharqqa yot qanday bedodlikki!) yoshlar (jadid, yangi avlod) keksalar (qadim, eski avlod) bilan, bolalar otalar bilan qirpichoq boʻlmaganmidi? Otalar hayot bora-bora botqoqqa aylanganiga beparvo qaragan, qotib qolgan johil boʻlsalar, nima qilish kerak? Xudoyim, bandangni kechir.

Vorisning yuragida ShUNDAY BIR DARD borki, otasi buni his etmaydi. Otaga qarshi esa borolmaysan!

Amakisi-chi? Koʻp narsani his etadi.

Bilimli. Diyonatli.

Yaxshi kishi!

Lekin qoʻli qisqa, mashaqqat bilan umrini oʻtkargani uchundir, jur’at, jasorati kam.

Yuvosh-yuvosh!

Yarash-yarash!

Shunga qaramay (sharoit koʻtarmaganiga ham qaramay), dadasi bilan bugun ancha qat’iy gaplashdi. Rahmat!

Ajabki, amakisiga nisbatan dadasi har jihatdan kuchli. Bunga hozirgina yana qanoat hosil qildi. Bu nima, ba’zan ezgulikdan koʻra Oʻvuzlik kuchliroqmi?

Ota bilan bola toʻqnashishi shartmidi?

* * *

U oʻz uyiga yoʻl olgan edi.

Otasidan harholda koʻngli tinchidi.

Tirik ekan! Sogʻaya boshlagan ekan!

Yashasin, Ilohim!

Imkon topib Marvarid bilan biron xilvat goʻshada uchrashish kerak. Qiz bola — ota-onasi ortiqcha erk berishmaydi!

Marvaridni sogʻingan. Ohu koʻzlarini! Ingichka barmoqlarini!

Tezroq koʻrmasa, oʻlib qoladigandek...

Yoʻlda ogʻaynisi Oʻmonqul esiga tushdi.

Xayrlasha olmaganiga oʻkindi.

Oʻmonqul ismining “Aziz insonlar xudoning Yaxshi Quli, biz Oʻmon Quli” degan ma’nosi ham bormikan?

Uyga yetib kelgach, otga minib, sahroga qarab ketdi.

Uzoqdan nay sadosi eshitilayotgan edi.

Vorisga bu sado qayerdan chiqib, uzoqlarga qanday taralayotganini aniqlamagunicha koʻngli taskin topmaydigandek boʻlib tuyuldi.

12

Oradan yarim yildan koʻproq vaqt oʻtdi.

Hasan tuzalib, roʻy bergan avtofalokatni esidan ham chiqara boshlagandi.

Faqat, oldindan boʻlganidek, ba’zan oyogʻi ogʻrirdi.

Hayot bir maromda borayotgandek edi.

...........................................................

Ov — uning xayolida yoʻq edi.

Toʻgʻri, soʻnggi yillar oʻziga yaqin besh-oʻn kishi bilan Hasan goh-goh sahro ichkarisiga yoʻl olishar, tulkimi, quyonmi otishar, ammo bu ovdan koʻra koʻproq qumga chiqib dam olish niyatida amalga oshirilar edi.

Hozir u shaxsan ovga bormoqchi ham emasdi.

Davrada oʻtirgan edi, birdan bu fikr miyasiga urildi.

Kun shanba edi.

Odatdagidan ertaroq koʻchadan uyga qaytgan Hasan togʻoradagi iliq suvda oyogʻini yuvayotib, yonida obdasta tutib turgan Norgulga shikoyat qildi:
— Yarim yildan oshdi, Ibod koʻrinmaydi. Kasalxonada bir xabar olganicha, qorasini koʻrsatmay ketdi. Mening qoʻlimdan non yer edi, qorni toʻygan shekilli. Oʻz jigarim Husan ham...
— Husan aka koʻp qoʻngʻiroq qildilar.
— Qachon?
— Vaqt-vaqti bilan...
— Nega menga aytmading?
— Esimdan chiqibdi.
— Es boʻlsa, chiqadi-da! Ibod-chi?
— U kishidan xabar yoʻq. Husan aka oldingi kuni ham qoʻngʻiroq qilgan edilar, boraman, dedilar. Opalaringiz ham kelmoqchi...
— Opalar yaqinda kelib-ketgan edi-ku.
— Kim bilsin, sogʻinganmiz, deyishdi.

Shu gap ustida birov darvoza tugmasini bosdi.
— Xoʻ-oʻsh? — dedi oʻtirgan oʻrnida Hasan. Soʻnggi kunlar u darvozaga ovoz apparati oʻrnatgan. Endi “oʻzingni tanishtirmay” bu hovli ostonasidan kecholmaysan.
— Xoʻjayin! Ibodman.

Hasan allanechuk hayajonlandi.
— Xizrni yoʻqlasa boʻlarkan, — dedi xotiniga. Oyogʻini artib, oʻrnidan turdi.

Norgul uning qoʻliga suv quydi. Keyin, shoshganicha, togʻoradagi suvni toshnovga olib borib toʻkdi.

Ichkaridan yugurib chiqqan Qudrat dadasiga bir qarab qoʻyib, darvozani borib ochdi.

Ibod, orqasidan boʻyi pastroq kishini ergashtirib, hovliga kirdi.
— Bormisiz, xoʻjayin, — dedi hali yaqinlashmay turib.
— Men-ku, borman. Oʻzlari... Oftob qayoqdan chiqdi?
— Oftob doim siz turgan tomondan chiqadi, xoʻjayin, — xushomad qildi Ibod.

U Hasan bilan quchoqlashib koʻrishdi.

Oʻnidagi kishi ham sal oʻngʻaysizlanib quchoqlashdi.

Hasan mehmonlarni katta xonaga boshlab kirdi.

Hovlida Norgul bilan Ma’suma yugurib qolishdi.

Qudrat dasturxon keltirib yozdi. Choy olib kirdi.
— Bir qoshiq qonimdan kechasiz, Hasan aka. Chet elda yurgan edim, — dedi nihoyat, Ibod.
— U yoqlarda telefon boʻlmas ekanmi? — kesatdi Hasan.
— Taraqqiyot zoʻr. Lekin men yoshlikdan, telefonga ishonmaslik kerak, telefonda har narsani gapirib boʻlmaydi, degan tarbiya olganman. Ortiqcha ehtiyotkormiz-da, xoʻjayin! — Ibod mavzuni oʻzgartirdi. Oʻnidagi kishiga imo qildi. — Bu Hamro. Birodaringiz Husan, men, bu bir paytda dorilfununda oʻqiganmiz. Sizni bir koʻrish orzusi bor ekan. Husan, bilasiz, bunaqa ishlardan qochib yuradi, yigʻlab-siqtagani uchun oʻzim olib kelaverdim.
— Siz ham adliyadamisiz? — deb Hamroga murojaat qildi Hasan.
— Yoʻq, men bir klubda rahbar. Sizning suhbatingizga mushtoq edim. Bizga ozgina mehribonligingiz ham kerak.

Hasan indamay oʻrnidan turdi. Devor shkafni ochib, bir bogʻlam pul oldi.
— Klubga yordam bermayman. Hozir oʻzimning ishim uncha yaxshi emas. Lekin mana, bu sizga. Bola-chaqa bilan uch-toʻrt kun bayram qilasizlar. — U oʻylanib, yana bir bogʻlam pul oldi, kulimsirab Ibodning oldiga tashladi. — Siz yaqinimni quruq qoldirmay. Siz ham oilangiz bilan...

Shu payt boyagidek ovoz apparatiga “jon” kirdi.
— Xoʻ-oʻsh?
— Biz, ukajon! Biz.

Mavluda va Mavjuda kirib kelib, boshqa xonada ham dasturxon yozilgach, goʻyoki oldindan belgilangandek, Husan ostona hatladi.

Hasanning ogʻaynilariyu shotirlari mehmon “hid”ini tez olishadi. Koʻp oʻtmay, ular (ayrimlari xotinlari bilan) hovlini toʻldirishdi. Hasan qoʻy soʻydirdi. Qozonlar qaynay boshladi.
— Vorisni aytmaysanmi? — dedi bir mahal Norgulga Hasan.
— Aytdim. Uyda mehmonlari bor ekan.
— Toʻyni boshlab yubormagandir, har qalay? Bitta-yarimta mehmon boʻlsa, yetaklab kelavermaydimi?
— Hozir yana aytaman.

Jilla turib, Voris ham Oʻmonqul degan ogʻaynisi va keksa bir kishi bilan kelib qoldi.

Shunday qilib, kutilmaganda Hasanning xonadonida katta bir davra toʻplandi.

* * *

Avvalida biri-birini tanimaganlar tanishishdi.

Biri-birini taniganlar koʻproq edi.

Masalan, Hasan bu kungacha ahamiyat bermagandi: birodari Husan yoshlikdan Ibod, Hamrolarni bilgani kam, Vorisning “mehmon”lari — Oʻmonqulni ham, manovi keksa kishini ham koʻrib yurgan ekan!

Darvoqe, keksa kishi (notanish va afti-angori qandaydir “tanish” mehmon!) Husanga mahalladosh boʻlgan bu yoshi ulugʻ kishining Voris bilan kasalxonada qadrdonlashib qolganiyu oʻzi-oʻzicha “diydorlashgani” kelgani Hasanni bir oz ajablantirdi. Hazillashgan koʻyda: “Bizning oʻgʻlimiz uchratgan kishisi bilan hatto dadasi bilan gaplashgandan yaxshiroq gaplashib, darrov inoqlanib ketadi!” dedi.

Ayniqsa, cholning ismi uning diqqatini jalb etdi:

Marat bobo!
— Bir mamlakat boshqasini egallaganidek, ismlar ham ba’zan begona yurtga “bostirib” kirar ekan, — dedi Hasan. — Oʻshlik yillarimiz bunday ismlar keng tarqalgan edi. Melis, Frunze...
— Aslida, bu ism ham emas, familiya. Balki, laqabdir? Esimda yoʻq. Maratning ismi Jan Pol boʻlgan, — dedi olim Husan. — Lekin qadimdan u har joyda uchraydi. Bunga ajablanmaslik kerak. Ana, bir qomusda oʻn ikkita Marks degan familiyaga koʻzim tushdi. Qisqasi, Marat bundan ikki asrcha burun Farangistonda, qirol Lyudovik XVI hukmronligi davrida maydonga chiqqan dohiylardan edi!

Yakobinchilar degan qoʻporuvchi guruh paydo boʻlib, klub tuzgan. Ular qirollik saltanati, monarxiyani agʻdarib, respublika barpo etish uchun kurashgan. Parij Kommunasi, degan gapni eshitganmiz. Bu toʻntarishni tarixda “Buyuk Fransuz inqilobi” ham deyishadi. Muhimi, dohiylar xalqni koʻchaga chiqarib, osoyishta Farangistonni agʻdar-toʻntar qilishadi. Ular “ozodlik”, “demokratiya” deb hayqirishadi. Lekin oʻzlari bu yuksak tushunchalarni niqob qilib, birovlarni “ozodlik dushmani”, “demokratiya dushmani”, “xalq dushmani” deb qamab, yoʻqotib yuborishni avj oldirishadi. Marat zulmni, qoʻlini qonga boʻyashni yonidagi boshqa dohiylardan ham oʻtkazib yuboradi. Bedodlikdan, qirgʻindan norozilangan odamlar orasidan Korde degan ayol ellik yoshli Maratga maxfiy yaqinlashib, uni pichoqlab oʻldiradi... Tarix koʻpincha qaytarilar ekan! Bunga oʻxshash voqealar keyin ham, roʻy berganini bilamiz... Ism albatta, manglayga bosilgan muhr emas! Bir xil ism ostida har xil odam oʻtadi. Ismdan obroʻ-e’tibor qidirganlar bilan birga, tasodif yoʻliqqanlar... Marat bobo ajoyib inson! Men qattiq hurmat qilaman.
— Sizlarga sirni ochaymi? Xotindan boʻlak zot bilmaydi, mavridi kelmasa, unga aytmasdim... Bir payt yoshlikda mening ham laqabim Marat edi. Koʻcha bolalariga qoʻshilib yurib, barchaga nom berishgan. U paytlar Marat bizga chinakam qahramon, havas qiladigan inson boʻlib tuyulardi-da! Shunaqa deb oʻrgatishgan! — Hasan Marat boboga yuzlandi. — Sizu men turli kishilar boʻlsak ham, otdosh ekanmiz, oqsoqol. Keling, Marat uchun ichaylik.
— Marat bobo ichmaydilar, — dedi Voris.
— Oldin ham ichmaganmisiz?
— Balki, ichgandirman. Nafs odamni aldaydi.
— Endi ogʻizlariga olmaydilar, bu otaxonning yoshlariga ham mos kelmaydi, — izoh berdi “Marat bobo boʻyicha bilimdon” Voris.
— Marat bobo uchun ham olaylik, — gapni andavaladi Hamro. — Biz ham sizning yoshingizga yetaylik!
— Men tushunishimcha, tarixda biron inqilobmi-toʻntarish bekordan yuzaga kelmagan. Buni Husan, olim akamiz, mendan yaxshi biladilar, — odaticha, soʻzni gʻishtdek tera boshladi Ibod. — Koʻpincha birovlar quturib, birovlar qashshoqlashgan. Jaholat kuchaygan. Qonunlar eskirgan, ishlamay qoʻygan, hayot tarzi yaroqsiz boʻlib qolgan. Bir oʻzgarish yasashga ehtiyoj tugʻilgan. Toʻgʻri, keyin yana qamashlar, xunrezliklar sodir boʻlgani yomon. Lekin tarix shu! “Ozodlik”, “demokratiya” degani nisbiy tushuncha. Haqiqat, adolat ham shunday. Ertakdagi orzu! Har qanday jamiyat semonga oʻxshab tez qotadi. Oʻz shakli qolipini himoya qila boshlaydi. Aksar holda, yangi shakl eski mazmunga qaytadi. Hamma balo shundaki, inson tabiatining oʻzida ezgulik bilan birga yovuzlik, odamiylik bilan birga vahshiylik bor.

Husan bexos joʻshib ketdi:
— Xudoning hikmati, ziddiyatsiz mumkin emas! Hazrat Navoiyning baytlari mashhur, bilasizlar.

Odam borki, odamlarning naqshidir,

Odam borki, hayvon undan yaxshidir.

Ancha keskin aytilgan! Lekin hayotda har kim “ikki oyoqli maxluq”qa aylanishdan asranishni oʻylashi kerak. Ikki oʻrtada masofa bir qadam. “Fozil kishilar shahri” degandek tarixda olijanob odamlarning qoʻli baland kelgan mamlakatlar, jamoalar ham uchraydi.
— Otaxon, yashashdan ma’no nima? Siz umringiz davomida qanday xulosaga keldingiz? — deb gapga aralashdi Oʻmonqul.
— Avvaldan xudo yurt ozod, obod boʻlsin, odamlar osoyishta, yaxshiroq, baxtliroq yashasin, degan gapni koʻnglimga soldi. Dunyoda yuz foiz olijanob, yuz foiz qabih kishilar ham boʻlgan. Lekin bundaylar kam! Xatosiz, gunohsiz yashash qiyin. Shunga qaramay, umrimda “Oʻzingni gunohdan asra!” degan gapga oʻrgandim. Men uchun hozir ham shundan boshqa xulosa yoʻq! — Keyin, Marat bobo negadir allabir dengiz, sahro haqida gapirdi. U yana, ayrim kishilar nafs balosiga yoʻliqqanidan naq hayvonga aylanganini aniq koʻrganligini aytdi. Uning hikoyasi hayotdagi voqeadan koʻra koʻproq afsonaga, rivoyatga oʻxshar edi.

Ilk qarashda davra xush kayfiyatda edi.

Hasan ham.

U har kimni yoqtiravermaydi.

Marat bobo unga yoqdi.

Shuursiz bir holatda bobosi Abdurahmon Xoʻja, otasi Ismoil Xoʻjani esladi.

Amakisi Ibrohim haqidagi gaplar ham yodiga tushdi.

Shuning barobarida, dam sayin davra Voris uyga boshlab kelgan bu tanish-notanish chol atrofida yigʻilgandek taassurot uygʻonganidan Hasanning ensasi qotdi. Oʻzi suhbatni qiziqib Marat boboga “yoʻnaltirib qoʻygan” boʻlsa-da, birovga yoki birovning soʻziga shaydolik Hasanga yot. U davralarda, ayniqsa uyida “diqqat markazida turish”ga odatlangan. Qolaversa, faqat cholning hikoyasi emas, butun suhbatni hayotga daxlsiz ortiqcha “valdirash” deb qabul qilayotgan edi.

Bundan tashqari, dunyo koʻrgan, odam tanigan, shubhasiz aqlli, kuchli kishilar bilan muloqotda boʻlishga yoshlik yillaridan uning toqati yoʻq. Bu yetmagandek, oʻgʻli uni qoʻyib qayoqdagi bir cholga qayishgani hozir yuragida rashk-adovat oʻtini yoqayotgan edi. Bularni biri-biridan qanday qilib uzoqlashtirsa ekan, deb oʻylab bezovtalana boshladi. Umuman, soʻnggi paytlar Hasanning jismi-jonida Vorisga nisbatan norozilik kamayish oʻrniga yuz chandon koʻpaygan edi.

Shunda ov borasidagi fikr —

xayolida chaqmoqdek chaqnadi.

* * *

— Vorisbek! Oʻgʻlim! Aziz mehmonlarni ertaga qumga olib chiqish kerakmikan? Ov bahona, bir miriqib dam olishsa...
— Ov? Bizga shunchalik mehribonlik. Qiyomat odam ekansiz! — dedi me’yoridan ortiq ichib, erkalanib oʻtirgan Hamro.

Ibod tirsagi bilan ochiq uning biqiniga turtdi.
— Men oʻzim bosh boʻlib borardim, lekin qoʻrqaman. Oyogʻim ogʻriyapti. Hali uncha oʻnglanmadim ham, — deb soʻzni davom ettirdi Hasan. — Siz boshlab borasiz, oʻgʻlim. Qumda yuradigan ikkita mashina, hamma narsani saharlab yigitlar, ana, Halim bilan Salim, tayyorlab qoʻyishadi. Abumuslim bilan Qambar degan yigitlarimiz yoʻlni bilishadi, mashinalarni haydab borishadi... Marat bobo xohlasalar, men bilan qolsinlar. Ikkimiz uyda sizlarni kutib, suhbatlashib oʻtiramiz.
— Tashakkur. Lekin men sahroni sogʻinganman, — dedi Marat bobo. — Birga borishim kerak.

Ziyofat-zarofat tugagan edi.

Mehmonlar tarqala boshlashdi.

Husan ayollar toʻplangan xonaga borib opalari Mavludayu Mavjuda bilan diydorlashib chiqdi. Sahargacha “ozgina mizgʻish” uchun uni Marat bobo, Oʻmonqul bilan birga Voris oʻz uyiga olib ketdi.

Hamroni uyqu bosayotgan edi, mehmonlarga ajratilgan xonaga yoʻnaldi.

Hasan hovlida yigitlarga koʻrsatma berib xonaga qaytib kirganida, birgina Ibod deraza yonidagi oromkursida xayol surib oʻtirardi.
— Charchab qolmadingizmi, xoʻjayin?
— Aksincha. Yayradim, — dedi Hasan.
— Siz bilan gaplashmoqchi edim.
— Nimani?
— Kayfiyatingiz menga yoqmayapti.
— Hammasi joyida.
— Baribir, bugun mashqingiz past. Hatto kasal paytda yaxshiroq edingiz, — dedi Ibod.
— Siz, izquvarlardan gap yashirib boʻlmaydi. Kishi qoʻliga pichoq oldimi, bir narsani kesadi. Soʻnggi paytlar mening pichogʻim kesmayapti. Atrofda dushmanim koʻp. Davlatim, nomim, darajam koʻtarilish oʻrniga pastga qarab ogʻa boshladi. Davr ogʻir. Buning ustiga, Voris... Bolaligida yuz-koʻzimga oz-moz qarardi. Endi otning jiloviday qoʻlimdan chiqib ketdi. Qayirishga majburman, qayirolmayapman. Boshqa bolalarim aksincha, undan oʻgit olayapti. Bolalarimga tarbiya berolmadim, ertaga dunyoga kelib topganimni bulardan birontasiga ishonib topshirolmayman.
— Shunga shunchami, Hasan aka? Hayot bu... Siz mendan soʻrang, shunaqa fojealar borki! Bir juft misol keltirsam, esingiz ogʻib, kechasi uxlolmay chiqasiz! Qadrdonimsiz, aytaman, hayot izga tushib ketadi. Shukr qiling.

Hasan indamadi. Derazaga qaradi.

Yigitlar hovlida hamon kuymalanayotgan edi.
— Abumuslim! Oʻzi miltiq otishni bilmaydi, lekin ovni yaxshi koʻradi.
— Siz-chi? Qiziqmaysizmi?
— Meniki teskarisi. Oʻqtirmayman, lekin moʻljalga otaman.
— Siz nega bormayapsiz?

Hasan kulib:
— Tergov boshlandi-ku! Men keyingi gal, — dedi.
— Marat bobo qolsa boʻlardi. Oʻzim yoningizda qolaveraymi?
— Yoʻq. Siz borganingiz durust.

13

“... Jabroil (alayhissalom) urugʻ olib keldi va Odam (alayhissalom) sochdi va yerni mola qildi. Qazogʻa qargʻalar kelib, ekkan bugʻdoyni kovlab olib, yeya boshladi. Odam (a.s.) andoq koʻrib, munojot qilib aydikim: — Ilohi, mening ekkonimni zoye’ qilmagʻil! Bas, xudoyi taolo Jabroil (a.s.) din Odami Safiygʻa bir yoy va necha oʻq yibordi. Chun Odamgʻa oʻq otmoqni oʻgrotdi (oʻrgatdi). Andin soʻng buyurdikim, Odam, bu oʻqni qargʻalar sori otgʻil! Bas, Odam (a.s.) otdi va xato qildi (oʻq tegmadi). Jabroil (a.s.) tabassum qilib aydi: — Yana bir oʻq otgʻil! Bu kezikda otgani urdi. Jabroil (a.s.) shodmon boʻldi. Odam (a.s.) soʻrdikim: — Ey Jabroil, avval otqonimda nega tabassum qilding va soʻng otqonimda nega shodmon boʻldung? Jabroil (a.s.) aydi: — Ul tabassum aning uchun qildim (kim) va soʻng shodmon boʻldumkim, agar avvalgi oʻqing qargʻalarga tegsa erdi, farzandlaring (avlodlaring) ilkidin (dastidan) qiyomatqacha hech nimarsa xalos boʻlmagʻay (Yer yuzida insondan boʻlak tirik jon qolmagay) erdi! Va yana bilgilkim, oʻq otmoq xudoyi taoloning lutfi erur... oʻq otmoqlikning savobi bisyordur!”

Dunyoda har bir kasbi-korning piri bor. Qadimdan shunday kelgan.

Ovning piri — Odam Ato.

(Harholda, biz otalarimizdan eshitganimiz shu!)

Vaqtida inson uchun ov ehtiyoj boʻlgan.

Bir tomondan, ov orqali inson toʻyingan. Kiyingan.

Ikkinchi tomondan, ov orqali inson oʻzini vahshiy hayvonlardan (va boshqa bosqinlardan) himoya qilgan.

Shu bois, oʻq-yoyga qasidalar bitilgan.

Ov sharaf sanalgan. Botirlik, mardlik belgisi deb tushunilgan.

Keyin ham...

asrlar davomida mergan — qahramon darajasiga koʻtarilgan. Mohir merganlarga havas qilib, hatto podshohlar goh-goh ovga (shikorga) chiqqanlar.

Inson uchun hozir ham ov ehtiyoj.

Oldingi holatda boʻlmasa-da, ba’zan toʻyinish, kiyinishga xizmat qiladi.

Himoya ham kerak.

Oddiy misol. Yaqin-yaqingacha yovvoyi qushlar insonga kun bermay qoʻygani yoki chigirtkalar yopirilib “erni yalab” oʻtgani singari voqealar uchragani ma’lum.

Qayerlardadir och boʻrilar (yoki sher, ayiq) qishloqlarga bostirib kelib, odamga tashlanganini eshitamiz.

Shunga qaramay, hayvon insonga emas, bora-bora inson hayvonga hamla qilib, qirgʻin solishi rasmga kirdi.

“Tabiatni asrash” degan gap yuradi. Kimdan? Insondan, albatta.

“Temir devor” boʻlib oldinga surinib borayotgan insondan!

Balki, ortiqcha hasham — qaysidir mushuk par yostiqda yotgan, qaysidir itning tuvagi oltinga aylangandir? Lekin katta shaharlarning pastqam koʻchalarida qarovsiz yuzlab it-mushuk toʻp-toʻp boʻlib tentiraganini koʻrmaysizmi?

Odamlar “hayvonlar halokati inson halokatining boshlanishi” degan gapni oʻylasalar ekan!

Eng dahshatlisi, qachondir “hayvon ovi”ga oʻxshab “odam ovi” (odam oʻldirish, turli vositalar bilan uni mahv etish)ga yoʻl qoʻyilganidir... Falonchi yoki pistonchi jahongir begona bir mamlakat xalqi bilan yonma-yon minglab oʻz fuqarolari ustiga oʻq yogʻdiradi. Keyin, bir kuni esnab oʻtirib, shu ishni qilmasak ham boʻlar ekan, ammo oʻshanda boshqa iloj yoʻq edi, deydi.

“Oʻq otmoq xudoyi taoloning lutfi” boʻlmay qoldi.

Buning “savobi (ham) bisyor” emas.

Chinakam ovchi endi bunday sharoitga qaygʻurib qaraydi.

Brakonьer pinagini buzmaydi.

“Odam ovi”ga oʻrganganlar esa hayvonlarga qoʻshib ovchini ham, brakonьerni ham otib ketaveradi.

* * *

Mashinada Vorisning uyi tomon borayotib, Husan shu gaplarni xayolidan kechirdi.

Birodari Hasanning oʻzi bormaydigan ovga barchani taklif qilgani ham unga ajablanarli tuyuldi. Mabodo ota-bola munosabati izga tushgan boʻlsa, ehtimolki, bunga ajablanmasdi. Davrada “ular orasi buzuq” ekanligi sezilgan edi.

Umuman, tasodifan toʻplangan davra “jinlar bazmi” kabi taassurot qoldirgandi. Marat bobo va Vorisdan boʻlak hamma me’yorsiz ichgan, suhbat qanchalik jiddiy boʻlmasin, aytilgan butun gap-soʻzlar goʻyoki tamaki tutunidek bosh ustida “halqa”langan...

Ibod bilan Hamroni aslida Husanning qadrdonlari, deyish mumkin. Hasan bularni mehmon qilib, tugʻishgan birodariga nisbatan ham oʻziga yaqin tutgani unga, Husanga, qandaydir malol kelgandi. Bular ikkisini uyda saqlab qolib, Husanni Vorisning uyiga joʻnatgani shu damda unga ayniqsa malol kelayotgan edi. Oʻmonqulga qoʻshilib, asosan Hasanning koʻngli uchun sezib-sezmay koʻproq ichib qoʻygani sabab, hozir inson yashashga majbur boʻlgan dunyoning bema’niligidan qattiq norozilanayotgandi.

Tun qorongʻi, yoʻlga faqat mashina chiroqlari nuri tushib turar, mashina ichi ham nimqorongʻi edi. “Ovmi? Dam olishmi?” — ertaga Voris “boshlab boradigan” sahro safari toʻgʻrisida ulardan hech kim ogʻiz ochmayotgandi. Sirasini aytganda, Abumuslim bilan Qambar yoʻlni bilishsa, hamma narsani Halim bilan Salim tayyorlab qoʻyishadigan boʻlsa, Vorisning “boshlab borishi”da ma’no nima? — aftidan, boshqalar emas, uning oʻzi ham yaxshi tushunmayotgan edi.

Shunchaki bir gal Oʻmonqul Husanga yuzlanib:
— Ishonmaysiz ustoz, — dedi. — Men Marat boboni bilmasdim. Metrodan chiqib Navoiyga mashina yollasam, otaxon sherik boʻlib mashinada oʻtirgan ekanlar. Shunda tanishib qoldik... — Keyin, Vorisning yonida, oldinda oʻtirgan Marat boboga murojaat qildi: — Ovga koʻp chiqqanmisiz, otaxon?

Marat bobo ancha sukut saqlab, nihoyat:
— Dengizda koʻp suzganman, sahroda kezganman. Xudo kechirsin, mening gapim shar’iy emasdir, lekin biron tirik jonni yashashdan mahrum qilishga botinmaganman, — dedi. — Bir qizni yaxshi koʻrardim. U hayvonlarga achinardi. Ularga qarab, koʻzlari yoshlanardi. Bunday kishilarni kam koʻrganman! Undan ayrilgach, shu “dard” menga yuqdi. Ovni yoqtirmayman. Oyogʻim ham tortmayapti.
— Boʻlmasa, nega Hasan akaning yonida qolmayapsiz! — deb soʻradi Oʻmonqul.

Marat bobo qiziq gap qildi:
— Ayrilganni ayiq yer, boʻlinganni boʻri yer. Men sizning qavmingizdanman.

Jilla burun davrada osoyishta, suhbatga moyil, oʻzi haqidagi gaplarga ham beparvo oʻtirgan Marat bobo endi negadir oʻychan va mahzun edi.

* * *

Kun yorishmasdan eshik oldiga qumda yuradigan ikkita mashina keldi.

Barcha “ov bahona, dam olish”ga boradiganlar Vorisning uyida toʻplanishgan edi. Mashinalarga, joylashishdi.

Bular — havdovchilar bilan birga, oʻn kishi edi:

  • Marat bobo
  • Husan
  • Ibod
  • Hamro
  • Oʻmonqul
  • Voris
  • Halim
  • Salim
  • Abumuslim
  • Qambar

Mashinalar yoʻlga tushdi.

Toʻrt soatdan ziyod yoʻl bosishdi.

Goh qumli yalang dasht, goh qum tepaliklarini oralagan soʻqmoqlardan oʻtib, toʻxtamay borishardi.

Koʻpchilikning kayfiyati koʻtarinki edi.

Husanning ham. Kechagi yuragidagi gʻash tarqagandi.

U dunyo koʻrgan, lekin shaharli ziyoli edi. Umrida sahroga, ovga chiqmagandi.

Avvalida osmon koʻkardi. Oy boʻzardi. Yulduzlar chiroqlardek birma-bir oʻchdi. Soʻng, yarq etib, bir qum tepaligi ortidan otilgan toʻpdek quyosh koʻtarildi.

Chor atrofda yashil va za’faron rang qorishgan edi.

Husan bilmasdi, sahro ba’zan kitoblarda yozishganidek “qum barxanlari”yu quyoshda qovjiragan kovgar, yavshandan iborat emas ekan. Qizarib — sargʻaygan yantoq yonida ming turfa oʻsimlik, ming turfa gul. Yakkam-dukkam pastak saksovullardan bogʻ boʻlib turgan katta saksovulzorlargacha sahroning tirikligi, koʻrki. Unda-bunda ahyon yuksak yalangliklarda yoki qum tepaliklari halqasi ichida, chuqurlikda ikki-uch oʻtov, ba’zan bir qavatli uzun oq imoratlar koʻzga tashlanadi.

Quyosh bilan birga harorat koʻtarilmoqda.

Lekin gʻir-gʻir shamol esmoqda.

Nihoyat, ikki tomon quyuq saksovulzor maydonchaga kelib qoʻnishdi.

Qum ustiga palos toʻshaldi.

Oldin bu yerga kelganlar oʻrnatgan omonat oʻchoq bor. Halim qozon ildi, Qambar oʻtin yigʻdi, Abumuslim oʻt yoqdi, Salim ovqatga unadi. Keyin, qopqoqni yopib qoʻyib, bular ham palos ustidan joy olishdi.

Dasturxon yozigʻliq. Ichkilik, har xil gazak muhayyo.

Haydovchilar, Voris bilan Marat bobodan boʻlak barcha ichdi.

Husan ham, ichmayman, oʻzimni toʻxtatolmaganim yomon, deb kecha ahd qilganiga qaramay, bu kun “chinnidek tiniq havo”da yana “shariatni buzdi”.

Marat bobo kechagidek, oʻychan va mahzun edi.

Toʻgʻrirogʻi, uning yuz-koʻzida noma’lum bir sovuq sharpa kezayotgan edi.

14

Voris, ichmasa hamki, a’lo kayfiyatda.

Oʻmonqul, ayniqsa Marat bobo kutilmaganda uni soʻroqlab kelishganidayoq terisiga sigʻmay suyungan. Bu kungi sahro safari unga goʻyoki qanot bagʻishlagandi.

Ana, xayriyat, uzoq mujodaladan keyin, otasi u bilan hisoblasha boshlagan, hatto nomiga boʻlsa-da, uni oʻz oʻrnida ovga yuborib, mehribonlik koʻrsatgan edi.

Yoʻl boʻyi Voris oʻzi koʻpincha ot surib sahro etagidan orqaga qaytgani, bu kun ilk daf’a chinakam sahroni koʻrayotganini oʻylagan, unga mana nihoyat, nay sadosi qayerdan chiqib, olislarga qanday taralganini aniqlaydigan payt yetgandek boʻlib tuyulgan edi. Lekin ular kelib qoʻngan sahro qa’ri jimjit, goʻyoki butun sahro asriy sukutga choʻmgan.
— Oqsoqollar! Ovqat pishgunicha ov qilaylik. Bir narsa otish shart emas, buning gashti bor-da! — dedi Abumuslim. — Xoʻjayin doim shunaqa qiladilar.

Palos ustida oʻtirganlar hammasi oʻrnidan turdi.

Mashinalar orqasidan miltiqlar olindi.

Guruhlarga boʻlinishdi:

Ibod, Hamro, Oʻmonqul — bir guruh.

Halim, Salim, Abumuslim, Qambar — ikkinchi guruh.

Marat bobo, Husan, Voris — uchinchi guruh.

Har yoqqa qarab ketishdi.

Miltiq Husanning qoʻlida, Voris bilan Marat bobo shunchaki sayr qilishga chogʻlanishgan. Atrof-javonibni koʻrishdan katta baxt yoʻq.

Ular ikkisi bir qum tepalikka koʻtarila boshlashdi.

Koʻp oʻtmay, Husan orqada qoldi.

Shu asno Voris nay sadosini baralla eshitdi.
— Qiziq. Kim, qayerda chalayotgan ekan?
— Nimani?
— Nayni-da!

Ular tepalikka koʻtarilishdi.

Atrofda shamol qumni oʻynayotgan, sahro dengizdek toʻlqinlanayotgan edi. Voris negadir Marat bobo oldin aytgan bir gapni esladi:
— Sahro dengiz tubiga, dengiz tubi sahroga oʻxshaydi!

Endi nay yaqin joyda, aniq-tiniq yangrayotgan edi.

Voris Marat boboga shu haqda ajablanib yana nimalardir degisi kelayotgan edi, bexosdan...

uni Marat bobo yelkasi bilan keskin turtib yubordi.

U toʻrt-besh qadam nariga uchib ketdi.

“Bu odamni jin urdimi, nega turtadi? Hali baquvvat ekan! Tavba...”

Voris yuz-koʻzlariga sachragan qumni sidirib, oʻrnidan turdi. Marat bobo tomon qaradi.

Marat bobo jilla narida koʻksi qonga belanib yotar edi.

* * *

Voris lahza ichida qanday voqea roʻy berganini payqadi.

U nay sadosiga chalgʻib sahroda gumburlagan oʻq ovozlarini eshitmagan edi.

Hol-behol Marat boboning yoniga borib tiz choʻkdi. Birinchi marta:
— Bobojon! — deb murojaat qildi. — Bu oʻq menga tegishli edi, bobojon! Siz bekorga...

Koʻksini changallagan, barmoqlari orasidan qon sizayotgan Marat bobo boshini chayqadi. Tushuniksiz bir tarzda:
— Kechikkan oʻq! Yetib keldi, — dedi.

Voris Marat boboning uzun oq surp koʻylagini yirtib, yarani bogʻlashga urina boshladi. Lekin bundan natija chiqmadi, Marat bobo jon taslim qilayotgan edi.

U azoblanib-alahlab, allanarsalarni pichirlardi.

Birinchi navbatda, negadir:
— Muhabbat! — deb pichirladi.

Keyin, Gʻayrat Sur’at va boshqa allaqaysi ismlarni tilga oldi.

Keyin, yana tushuniksiz bir gapni aytdi:
— Iskandar...

Banda!

Qalandar...

Janda!

Shundan soʻng, koʻksi bir koʻtarilib-tushib, jon berdi.

Voris atrof-javonibga diqqat qildi.

Sahro qaytib ogʻir sukutga choʻmgan.

Haligina yangrayotgan nay sadosi tingan edi.

15

Husan oʻq ovozlariga ortiqcha ahamiyat bermagandi.

Yigitlar ov qilishayapti! Tabiiy hol!

Oʻzi miltiqni askardek yelkasiga osgan, oʻq uzishni xayoliga ham keltirmay, sheriklari yoniga shoshmay borayotgan edi.

Qum tepalikka koʻtarilgach, Marat boboning jasadi va jasad yonida hoʻngir-hoʻrgir yigʻlab oʻtirgan Vorisni koʻrib, nima boʻlganiga tushunmay angraydi.

Voris koʻzyoshlarini qoʻllari orqasi bilan artib, oʻrnidan turdi.
— Amakijon! — dedi hamon yigʻi aralash tovushda. — Dadam ov bahona meni yoʻq qilmoqchi boʻlgan ekan. Men hozirgina bir oʻlimdan qoldim! Marat bobo men... men uchun jonini berdi! Men avvaldan sezganman, bu odam sizlarning amakingiz edi! Dadam oʻz amakisini oʻldirdi.

Husan taxtadek qotgan edi.

U katta bir olim boʻlaturib, Vorisning soʻzlari magʻzini chaqolmayotgan, nega falokat roʻy berganini tasavvur qilolmayotgandi.

Axiyri, oʻzini qoʻlga oldi.

Yelkasidagi miltiqni yerga qoʻyib, jasad yoniga bordi. Marat boboning koʻzlarini yumdi. Koʻylak yirtigʻi bilan iyagini bogʻladi. Vorisga:
— Boʻlgan voqeani boshqalarga bildirish kerak, — dedi.

* * *

Miltiqni yana yelkasiga osdi.

Vorisni mayyit yonida qoldirib, oʻzi tepalikdan pastga endi.

Yuragi xufton edi.

Bu odam amakimi, begonami? Ahamiyati yoʻq. Begunoh bir kishi oʻldirilgan edi.

Roʻy bergan voqea tasodifmi yoki Voris aytmoqchi, birovga atay qasd qilinganmidi? Qotil kim? Bularni aniqlamasdan, bir narsa deyish qiyin.

Qanday boʻlmasin, shu soniyada Husan beixtiyor bundan bir necha oy burun poytaxtda, rastada roʻy bergan voqeani, oq kiygan Gavdali Kishi va Ojizgina Bolani esladi. Unutdim, deb oʻylagandi. Unutmagan ekan! Oʻtkinchi bu voqeada goʻyoki bir ramziy ma’no bor edi.

* * *

Ikki tomon quyuq saksovulzorda Ibod, Hamro, Oʻmonqul nimanidir gaplashib turishardi.

Husan ularga yaqinlashib, roʻy bergan voqeani aytdi.

Ibod darhol sargaklanib, osmonga uch marta oʻq uzdi.

Bir mahal Salim bilan Abumuslim qandaydir oriq-ozgʻin tulkini koʻtarib kelishdi.
— Qolganlar qani? Koʻrmadinglarmi? — deb soʻradi Ibod.

Salim sekin gap tushuntira boshladi:
— Halim bilan Qambar “akaxonimizga telpakbop sovga boʻladi” deb ikkisi ikki miltiqdan manovi tulkini otdi. Keyin, negadir tulkiga ham qaramay, shoshib qayoqqadir ketishdi.
— Qambar mashinasini ham qoldirib ketaverdimi?
— Shunaqa.
— Qayoqqa?
— Sal narida parparak uchadigan maydoncha bor, — dedi Abumuslim.
— Tushunarli.

Ibod jamoa jilovini qoʻlga oldi.

Chala yigʻishtirilgan dasturxon yigʻishtirildi.

Abumuslim, Hamro, Oʻmonqul palosni olib Vorisning yoniga ketishdi.

Salim ov harom ketmasin, deb bir chetda oʻtkir pichoq bilan tulkining terisini shilishga tutindi. U Ibodning boʻyrugʻiga boʻysunmay shu yerda qolavergan edi.

Ibod Husanni qoʻltiqlaganicha saksovulzor etagiga boshladi. Marat bobo haqida nimalarnidir soʻragan boʻldi. Keyin, Husanni qoldirib, uch yigit izidan oʻzi ham qum tepalikka qarab ketdi.

Husan bormoqchi edi, jur’ati yetmadi. U — “hayot dagʻalliklari”ga oʻrganmagan ziyoli (olim) kishi, — umrida birinchi marta jasad yonida oʻtirib koʻzlarini yumgan, iyagini bogʻlagan edi. Bu holatni hali koʻp tushlar koʻradi, bosinqiraydi!

Vorisning yoniga ketganlar u bilan birga nihoyat, palosga oʻralgan mayyitni koʻtarib kelishdi.

Voris endi koʻzyoshlarini quritgan, yuz-koʻzida alam va nafrat ifodasi muhrlangan edi.

Husan hamon saksovulzor etagida nafas yutib, qoʻlida choʻp, yer chizib oʻtirardi.

Ibod boshqalardan ajralib, uning yoniga yana kelgach, oʻrnidan turdi.
— Vorisning gaplariga nima deysiz, olim aka?
— Qanaqa gaplar?
— Oʻz otasini meni oʻldirmoqchi boʻldi, deyapti.
— Voris hozir esini yoʻqotgan, oʻylamay gapiraveradi.
— Keyin, bu odam amakilaring edimi?
— Bizning amakimiz yoʻqolganiga taxminan ellik yildan oshgan. U hayotdagi mingga toʻfonni kechib yonimizga kelishi aqlga sigʻmaydi. Kelsa, oshqor qilardi ham! Oʻki, bu oʻz-oʻzidan oshkor boʻlardi. Chol begona edi, lekin baribir, yaxshi ish boʻlmadi.
— Mayli, hammasini aniqlaymiz. Bu yerda turishdan ma’no yoʻq, orqaga qayta qolaylik.

Ibod barchaga yoʻl tadorigini koʻrishni buyurdi.

Bir inson va bir hayvon oʻlgan edi. Koʻplashib oʻrogʻliq palosni mashinalardan biri orqasiga joylashtirishdi. Salim oʻzi shilgan tulki terisini ham uning yoniga tiqishtirdi. Ibod Qambarning mashinasini oʻzi haydaydigan boʻldi.

Qozonda ovqat sabil qolgan edi.

Bor narsani yigʻishtirib, yoʻlga tushishdi.

* * *

Vorisning uyiga yetib kelishgach, Ibod qoʻngʻiroq qilib tib xodimlari va mirshab chaqirtirdi.

Yoʻl boʻyi hech kim biri-biri bilan gaplashmagandi. Mana, endi Ibod, telefondan boʻshagach, barchadan bir xonada toʻplanishni soʻradi.
— Bu tasodif oʻlim, bir oʻq tulkiga, bir oʻq cholga tekkan, — dedi u davra toʻplangach. — Lekin baribir, xunuk ish boʻldi. Halim bilan Qambar aybdor...
— Bu uyushtirilgan ish! — qaysarlandi oʻz fikrida turib olgan Voris.
— Siz endi shoshmang. Tergash mening vazifam... Chol soʻqqabosh ekan, demak da’vogar yoʻq. Lekin birovning oʻlimini, u dengizdami, sahrodami, yashirolmaysan. Halim bilan Qambarni topib tutishga toʻgʻri keladi.
— Biz ularni topib tutmaymiz-ku! Siz bu gaplarni nega gapirayapsiz, men tushunmayapman, — dedi Salim.
— Eng avval, siz bilan Abumuslim guvohsizlar. Mirshablar sizlarni baribir tergaydi. Bundan tashqari, kim bu yerda qolib, kim men bilan Hasan akaning oldiga boradi, u kishim bilan masalani har tomonlama aniqlashtiradi? Maslahatlashish kerak...

Biroq maslahatga hojat qolmadi!

Ibod gapini tugatar-tugatmas, hovliga tib hodimlari va mirshablar kirib kelishdi.

Ular Ibod bilan ikki ogʻiz gaplashib, tib xodimlari tekshirish oʻtkazish — ekspertiza uchun jasadni, mirshablar protokol toʻldirish uchun Salim va Abumuslimni olib ketishdi.

To shu dam oʻzini osoyishta tutgan Ibod endi bexos gangib qolgandek edi...

* * *

— Hamro bilan Oʻmonqul ikkisi shu yerda, Vorisning yonida qolishadi, — dedi u Husanga. — Siz, olim aka, men bilan yuring...

U hech kimdan javob kutmay, Abumuslimning mashinasiga, haydovchi oʻrniga oʻtirdi. Husan ham indamay unga boʻysunib, mashinaga mindi. Yoʻlga tushishgach, shunchaki:
— Hasan bilan nimani aniqlamoqchisiz? — deb soʻradi.
— Hech narsani.
— Yoʻq, siz oiladagi oddiy oʻyindan oʻt chiqdi, sahroda odam oʻldirildi, demoqchimisiz? Shuni aniqlash kerakmi?
— Endi buni aniqlab boʻlmaydi, — dedi Ibod.
— Nega?
— Men mirshablar bilan gaplashdim, ular biz yetib kelguncha voqeadan xabar topgan ekan. Viloyatdagi boshqarma bu yerdagilardan oldin ishga kirishib, Halim bilan Qambarni qidirishayotgan ekan...
— Buncha tezkorlik, aql bovar qilmaydi.
— Bunisi mayli. Odamlar orasida ahillik boʻlmasa, ular xudbinlik, manfaatparastlik, qabihlik qilib, yaqinmi, uzoq kishilarmi, biri-biriga dushmanlik bilan qarashdan qaytmasa, hayotda noxushlik ustiga noxushlik chiqaveradi. Bardam boʻlasiz, olim aka, — Ibod negadir mashinani yoʻl chetiga olib toʻxtatdi. — Ishlar pachava...
— Ochiqroq gapiravermaysizmi?
— Halim bilan Qambarning Hasan aka bilan oʻz hisob-kitoblari boʻlgan. Hasan akaga xizmat qilib, ular boshqa birovlarga ham xizmat qilishgan. Katta doiradagi kishilar atrofida ba’zan shunaqa ishlar boʻlib turadi! Qanday boʻlmasin, ikkisi Hasan akaning uyiga kelib, bir qoshiq qonimizdan kechasiz, akaxon, ovda oddiy tasodif roʻy berib, daydi oʻq Vorisga tegdi, Voris oʻldi, deyishgan.
— Ey xudoyim-ey!
— Hasan aka koʻksini changallab gurs etib yiqilgan. Yuragi yorilgan, deyishayapti. Koʻrgulik, chidaysiz!

Husan oʻtirgan oʻrnida adoitamom boʻlib qolgan edi.

Taqdir! Yana nima zarbalaring bor?
— Hasan avvaldan ovni nega tashkil qildi? Kerakmidi? — dedi u, nihoyat.
— Siz bilmaysiz-da, olim aka. Ovni xush koʻrgan kishi boshqalarning ov qilishidan ham bahra oladi. U oʻzicha ov xayoliga borgan, keyin haligi yigitlar uni ilhomlantirgan boʻlishi ham mumkin... Yana bir gap. Koʻnglingizga olmang, Marat bobo toʻgʻrisida. Deylik, otasi yoki siz, amakisi emas, Vorisga shu odam koʻksini qalqon qilib, jonini berdi. Men buni aniq tekshirdim, bu masalada ishtiboh yoʻq. Cholni bilmasdim. Ochigʻi, koʻnglimda unga nisbatan hurmat, mehr uygʻondi. Mabodo u mening amakim deb taxmin qilinsa, hatto oz-moz oʻxshasa, men oʻzimni har yoqqa tashlamasdim... Soʻqqabosh boʻlsa hamki, uni oʻz manziliga olib borib koʻmishga toʻgʻri keladi.
— Hasan nima boʻladi?
— Hasan akani asrga ulgurmasak, bomdod namoziga chiqaramiz. Keyin, yo siz, yo Voris bu yerda qolib, ikkalangizdan biringiz men bilan Toshkentga joʻnaysiz.
— Menga qoʻshni bir odamning oʻligini olib borib, mahalla-koʻyning yuz-koʻziga qarash...
— Mahalla bilan oʻzim gaplashaman! Oʻmonqul ham... mahallaning roziligini olib, otaxonni men oʻz uyimdan chiqaraman, deyapti.
— Halim bilan Qambarni topib tutishadi, albatta. Ular qamalib ketadimi?
— Marat bobo ishida ham, Hasan aka borasida ham ularga aniq ayb qoʻyish qiyin. Tasodif degan gap bor. Ular faqat shartli qamoq jazosi olishi mumkin. Bu yana, tergov qanday borishiga bogʻliq... — Ibod qaytib mashinani haydadi.

Husan Hasanning uyida, darvozadan kiriboq hovlida oʻzini yulib-yulqib dod-faryod solayotgan Norgul bilan Ma’suma, Mavluda bilan Mavjudaga roʻpara kelishini tasavvur qildi. U boya sahroda Marat boboning koʻzlarini yumgani, iyagini bogʻlaganidan buyon boshiga toʻqmoq tushgandek, garang va karaxt edi. Hozir bexos “tirilib”, koʻngli buzilganicha, koʻzlaridan yuziga yosh oqa boshladi.

Bunga esh holda...

Husan soʻnggi paytlar Ibodga nisbatan oʻzini kuchliroq seza boshlagan ham edi, “olim aka” degan murojaatga uchgan ekan!

Hozir unga nisbatan

oʻzini

yoshlik yillaridagi singari

ojiz va gʻarib sezdi.

* * *

Ikki yildan keyin

Voris Marvaridga uylandi.

Toʻy kechasi edi. Davra toʻrida, koʻyovning yonida joʻralari, kelinning yonida dugonalari oʻtirishardi. Bazm qizigandan-qizib borardi... Davrada, dasturxonlar atrofida oʻtirganlarni horgʻin va oʻychan kuzatayotgan Vorisning nigohi bexosdan burchakdagi bir dasturxon yonida oʻtirgan keksa kishiga qadalib qoldi. Bu — bobosi Ismoil Xoʻjami, u koʻrmagan-bilmagan Ibrohimmi yoki oʻz qoʻllari bilan tuproqqa qoʻygan Marat bobomi? — shularning naq oʻzi edi. Bu kim ekan, deb oʻyladi. Uning tikilganini payqagandek, qariya kulimsirab qoʻydi. Keyin, sekin qoʻl ochib duo qilgandek boʻldi... Voris sarosimalanib qoldi. Qariyadan bazm oxirigacha ketmaslikni kim orqali, qanday soʻrasa, toʻy odobi buzilmaydi? U darhol muayyan fikrga kelolmadi. Qaytib burchakka qaraganida, qariya gʻoyib boʻlgan edi...

* * *

Men shu tong derazadan uzoqlashib, ancha mahal xonada nari-beri yurdim.

Nihoyat, yana deraza oldiga keldim.

Toʻxtadim.

Toʻrt qavatli bino tomidan balandroqqa boʻy choʻzgan koʻm-koʻk daraxtlarga ilashgan nigohim ularga ergashib osmonga koʻchdi.

Qaradim.

Osmonda parcha-parcha bulut. Ammo ularni oralab, — kun yorishayotgan edi.