OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Omon Muxtor. Oʻyin (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOmon Muxtor
Asar nomiOʻyin (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Omon Muxtor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻyin (hikoya)
Omon Muxtor

— Odamda bir oz farosat boʻlsa ekan, — miyigʻida kulib dedi Keldiev davradagilarga bir-bir koʻz tashlab, televizorga imo qilgancha. — E’tibor berdinglarmi, «ne jafolar chekmadim bir bevafo dildor uchun!» deb ashula aytyapti. Aftidan, shu yigit ne jafolar chekkan kishiga oʻxshaydimi?! Aslo! Bunaqa yogʻli koʻz, qip-qizil yuz, katta qorin bilan uning oʻzi bevafolik qilib, kimgadir jafo yuklashi mumkin-ku, lekin birovni deb u kuyishiga men mutlaqo ishonmayman!..
— Artist-da, dadasi, oʻrganganini aytadi, — nazarida, eri davrada oʻtirganlarini unutib, shunchaki ogʻzidan gullayotgandek tuyuldimi, gapga aralashdi, Keldievning xotini Zamira.
— Oʻrgansin, aytsin, marhamat, men qarshi emasman, — qaysarlandi Keldiev. — Lekin ashula odamga bunday mos tushishi kerakmi yoki yoʻqmi? Odamlarimiz juda madaniyatli boʻlib ketgan, deymizu ba’zan oddiy farosat toʻgʻrisida oʻylamaymiz. Kishi oʻzining ahvolini oʻzi bilmasa!..
— Koʻrinishi shunaqaligiga qaramay, u yaxshi odam boʻlishi ham mumkin, — dedi uy bekasi Xolida oʻychan. Shuning barobarida, u oʻrnidan turib, televizorni oʻchira qoldi. — Odamni bilish qiyin. Ayniqsa, televizorga qarab, menimcha, bir nima deb boʻlmasa kerak. Jismoniy kamchilikni koʻrib, insonning qalbi qandayligiga baho berib boʻlmaydi. Umuman tashqi koʻrinish aldamchi... — Toʻgʻri gapirdimmi, deganday Xolida eriga koʻzi ostidan ma’noli qarab qoʻydi.
— Toʻgʻri, — dedi Qambar boshini silkib, — inson qalbining goʻzalligi jismoniy kamchilikka qaramaydi... Lekin nega odamni bilish qiyin ekan?! Arzimagan narsalardan odam qanaqaligini bemalol aytaversa boʻladi...

Zamira qiziqsinib, Qambarga tikildi:
— Masalan?
— Masalan, ovozga qarab aytish mumkin. Kiyinishiga karab. Koʻchada yurish, oyoq olishiga qarab...
— Siz shularga qarab, adashmay ayta olasizmi? — soʻradi Zamira.
— Nega aytmas ekanman? — dedi Qambar. — Xoʻoʻsh... — U birpas oʻylanib, soʻzida davom etdi: — Qaysidir yili Sirdaryoga borganimiz. Katta gruppa. Har xil kishilar. Oramizda faylasuf bir domla ham bor. Shogirdi bilan... Qisqasi, shu domla... men uning faylasufligi qaysi darajada ekanini bilmayman-ku, lekin ovqat tanovul qilishi oʻziga xos edi. Ogʻzidagini chaynab-yutmay, qoshiqni koʻtaraveradi, lunji surnaychilarnikiga oʻxshab shishgan, koʻzlarida shu qadar bezovta bir mutelik aks etganki... taomning hurmatini astoydil oʻrniga qoʻyayotgandekmi yoki deylik, oldidagi idishni birov tortib olib qoʻyishidan qoʻrqayotgandekmi, taassurot qoldiradi kishida... Men birinchi tanishgan kunimiz domlaning shogirdi bilan gaplashishimga toʻgʻri keldi. «Domlangiz yoshlikdan ancha qiynalib oʻsgan. Shunaqami?» dedim sekin. «Shunaqa boʻlishi kerak... Oʻzining aytishiga qaraganda!» deb gʻudrandi shogird. «U ayolmand, bolalari koʻp!» dedim kuyinib. «Ha, bir etak. Yettitami, sakkiztami...», dedi shogird. «Urush yillari domla asirlikka tushganmi, shunga oʻxshagan bir narsa boʻlgan...», deb pichirladim oʻzimcha. «Domla omadsizroq odam!» deb, tasdiqladi shogird. «Umuman, u miskin, umrida birovga ziyoni tegmagan... Domla ishlayotgan institut ma’muriyatiga hayronman, uning dars soatini koʻpaytirib, unga sal imkoniyat yaratib berishsa nima qilardi!» deya asabiylashdim endi. «Domla talab qilolmaydi. Ular oʻzlari bilib, birovga gʻamxoʻrlik koʻrsatishmaydi!» dedi shogird. Keyin, menga tikilib: «Siz domlani yaxshi bilar ekansiz-da!» dedi. Men, ha, ha, bilaman, deb qoʻya qoldim... Ertasi kunimi, indinimi, tushlik paytida domlaga ortiqcha e’tibor bermay, birovga malol kelmaydigan yoʻsinda: «Odamning ovqatlanishiga qarab, uning butun tarjimai holini aytib berish mumkin!» — degan gapni shunchaki oʻrtaga tashladim. Davradagilar bunga ishonib-ishonmay kulib, taom tanovul qilishga tutinishdi. Lekin oʻsha kuni taniqli bir raqqosa mening naq roʻparamda oʻtirardi. U menga ma’noli koʻz tashlab qoʻyib, shunaqangi chiroyli ovqatlandiki, soʻz bilan ifodalash qiyin. Men domlaga koʻnglim achib, qanchalik ezilgan boʻlsam, raqqosani kuzatib, shunchalik zavqim keldi... Qisqasi, atrofga loqayd-beparvo qaramasangiz, odamni bilaverasiz. Qadim-qadimdan dastxatni koʻrib, odamning fe’l-atvorini aytish rasm boʻlgan, bu endi ancha mashhur soha. «Xatshunoslik» degan fan ham bor...
— Yashang, inim! — dedi hayajonlanib Keldiev. — Rahmat! — dedi u negadir hattoki iyib. — Televizorda-ku, jonli odam, mana, ukamiz Mahkamjon oddiy suratga qarab, kimligingizni aytaveradi. Bu unga pista chaqishday gap. Qambarjon aytmoqchi, bu ham ilm...
— Rostdanmi? — Mahkamga qarab soʻradi qiziqsinib Zamira. Mahkam suhbatga aralashmay, davra quyisida oʻy surib oʻtirardi.
— E, yoʻq, Keldiev domla shunchaki mening bahoyimni oshiryaptilar, — gʻudrandi u noxushroq kayfiyatda.
— Siz unaqa kamtarlik qilmang. Men hozir albomni olib chiqaman. Bir qotib kulaylik, — dedi Xolida oʻrnidan turib.
— Yoʻq, yanga, olib chiqqaningiz bilan aytmayman! — dedi Mahkam bu gal qat’iy.

Davradagilar ovqatlanib, choy ichib boʻlishgan, ammo hali jilla oʻtirishni istashganidan, Mahkamning oʻzini tersroq tutishi koʻpchilikka qandaydir ogʻir botdi.
— Men shuncha narsani aytib tashladim. Siz nega ikki oyoqni bir etikka tiqyapsiz, men tushunmayapman, — toʻngʻilladi Qambar.
— Men oʻzim sizning hunaringizni koʻrganman, Mahkamjon. Shaxsan! — dedi Keldiev ham endi injib. — Albomni bunday varaqlab, siz bizni xursand qilishingizning kimga nima ziyoni bor?! Aksincha, bahs yakunlanadi. Siz erka yigitsiz, albatta. Lekin hamma narsa evi bilan-da...
— Sizlar mendan bekorga xafa boʻlyapsizlar, — dedi sal ezilib Mahkam. — Men talabni bajo keltirmaganim erkadik, noz-istigʻno emas. Faqat bu ishni tashlaganman, toʻgʻrisi. Boshqa shunday qilmayman, deb qasam ichganman...
— Nega qasam ichasiz? — Unga ajablanib, ishonqiramay tikildi Xolida.
— Har qanday xunar odamning baxtiga yarasa... har bir ishni eplagan odam qilsa!.. Men eplolmay qoldim...
— Qiziq. Biron yerda notoʻgʻri gapirib yubordingizmi? — savol tashladi Qambar.
— Yoʻq, men notoʻgʻri gapirmayman. Ancha yil fotografiya bilan shugʻullanganman, odamlar suratga tushayotganda oʻzining qandayligani beixtiyor koʻrsatib qoʻyadi, turli-tuman kishilarni koʻraverib, koʻzim pishgan. Umuman, bu oddiy ish. Men suratga qarab, tirik odamni, uning apparat oddida turgan xolatini tasavvur qilaman. Holatdan fe’l-atvorga oʻtiladi...
— Xoʻsh, keyin nima boʻldi? — Toqatsizlanib soʻradi Keldiev.
— Nima boʻlardi... Bir kuni, hunar koʻrsataman, deb ogʻzim kuydi. Shu, xolos, — dedi Mahkam allanechuk xijolat chekkan koʻyda.
— Gapni boshlagach, oxiriga yetkazish kerak. Shaf-shaf deguncha shaftoli demaysizmi! — Oʻchoqqa oʻtin qaladi Zamira.
— Men bu voqeani hech kimga aytmagandim. Lekin mayli, orada gʻashlik qolmasin uchun sizlarga gapirib beraman, — dedi Mahkam. — Keldiev domla koʻrganlar, rost, men oʻz ishimda bir paytlar ustasi farang edim. Meni davralarda oʻtirgʻizib, oʻq nishonga tekkanidan odamlar qotib kulishardi. Men oʻzim ham zavqlanardim, chunki mening nazarimda bu qiziq bir oʻyin edi... Shunday yurib, bundan besh-olti yil burun Sharif degan doʻstim bilan tasodifan uning qarindoshlarinikiga mehmonga borib qoldim. Shahar etagidagi bu bogʻ-hovlini oldin ham koʻrganman, Sharifning qarindoshlari — togʻasi, yangasi yoshi oʻttizga yetib er qilmagan qizlari bilan birga turishadi... Oʻsha kuni ularnikida nima munosabat bor edi — eslolmayman, boshqa narsa yodimda — Sharif bilan mendan boʻlak yana ancha-muncha kishi yigʻilgan, hammaning kayfiyati koʻtarinki edi... Xoʻp, ayni yoz payti, hovlida gangur-gungur qilib oʻtirib, qayoqdan ham gap suratga borib taqaldi. Men mahmadonaligim tutib, suratdan odam tanish mumkinligi ogʻzimning bir chetidan chiqib ketdi. Hozirgina sizlar qiziqqanlaringga oʻxshab, davrada koʻpchilik chugʻurlashga tushdi. Haligi — uy egasining qizi — Nafisa yugurib ichkaridan albom koʻtarib keldi... Yoʻq, u albomni mening qoʻlimga bermadi, faqat uch-toʻrtta suratni olib, koʻzlari chaqnab mugʻambirona kulgancha, bunday gap qildi:
— Biz bu odamlarni yaxshi bilamiz, siz, menimcha, tanimaysiz... Men qoʻlingizga bittadan surat beraman, siz bittadan fikringizni aytib turasiz, maylimi?!
— Mayli, — yelkamni uchirdim, menga bari bir, degan ma’noda. Nafisa davradagilarga koʻrsatib, qoʻlimga surat tutqazdi.
— Ayting...
— Aytaveraymi? — dedim folbinlardek qoʻr toʻkib. — Bu odam ilk qarashda sodda, samimiy taassurot qoldiradi. Kattalar oldida odob saqlaydi, bolaggarning boshini silaydi. Uning yana bir odati bor. Odamlar orasida oʻzini joʻmard, chapani yigitlardek koʻrsatishni yoqtiradi. Lekin u anoyi emas. Oʻz manfaatini yaxshi biladi, qolgan hammasi niqob. Kerak boʻlsa, oʻzini tomdan tashlaydi, suvdan quruq chiqadi...

Davradagilar kulishdi. Menga Nafisa boshqa suratni berdi.
— Bu yigit, romantik deydimi, havoyi xayollar bilan yashaydi. Suratga qovoq uyib tushganiga qaramay, koʻcha-koʻyda koʻrsangiz, yuzi yorugʻ, koʻzlari porlab yuradi. Egni uringan, tuflisi koʻpincha loymi, chang... Yaxshi yigit. Undan durust bir odam chiqardi-ku, yelkasidan turtib, yordam beradigan kishisi yoʻq. Asosan, uyim-joyim deb yugurib-elgani bilan, xotindan unchalik yolchimagan...

Davradagilar yana kulishdi. Nafisa surat tanlayotib, bu gal negadir bir oz sarosimalangandek boʻldi. U suratni koʻrsatgach, menga nima uchundir davrada boshqalar ham nafas yutishgandek tuyuldi. Buning ustiga, yonimda oʻtirgan Sharif egaimdan tortdimi, oyogʻimni turtib qoʻydimi — shunga oʻxshagan bir ish qildi.
— Bunisi-chi? — dedi shu payt Nafisa, nihoyat suratni mening koʻlimga tutqazib.

Men — Oʻzini suratshunos, surat orqali birinchi galda odamshunos deb bilgan kishi — davrada qandaydir oʻzgarish roʻy berganini payqab, hushyor tortishim, albatta, bas endi, deb oʻyinni sekin toʻxtatishim kerak edi. Lekin men oʻz san’atimga oʻzim maxliyo boʻlib qolgandim. Men goʻyoki sahnaga chiqqan aktyor edim. Nazarimda, tomosha zalida oʻtirganlarning xatti-harakatlariga, pichirlash-shivirlashlariga parvo qilmasligim, rolimni oxirigacha bajarmay, sahnani tark etmasligim kerak edi.
— Bu ancha murakkab odam. Bir soʻz bilan baholash qiyin, — dedim jilmayib. — Aqlli, chiroyli, magʻrur. Oʻz ishida iste’dodli. Bunday yigitlarni xotin-qizlar tez, ba’zan bir koʻrishda yoqtirishadi. Umuman, bu ham yomon yigit emas. Lekin juda xudbin. Hammadan ham koʻproq oʻz-oʻzini yaxshi koʻradi. Uning har qanday fidoyiligini ham...
— Rahmat, Mahkam aka, — dedi Nafisa qoʻlimdan suratni olib. U qoʻlidagi suratlarni albomga joylab, albomni qoʻltigʻiga qistirgancha, shahd bilan uyga yoʻnaldi.

Davra birdan suv quygandek boʻlib kolgan edi.
— Koʻp oʻtirdik. Endi bizga javob bersanglar, — dedi axiyri uy egalariga qarab ayollardan kimdir.

Shu gapni kutayotgandek, hamma gur etib oʻrnidan turdi.

Men ham Sharif bilan koʻchaga chiqib, yoʻlga tushdik. Negadir qabih bir ish qilgan odamga oʻxshab, koʻnglim gʻash, kir edi. Ayni soniyada oʻzimni xudtsi begona tilda gaplashadigan odamlar davrasidan qaytayotgandek his etar, gangib qolgan edim.

Muyulishga yetganimizda beixtiyor portladim:
— Nega indamaysan? Nima boʻldi oʻzi?!
— Sen qovun tushirib qoʻyding, ogʻayni, — Gʻudrandi yonimda miq etmay kelayotgan Sharif. — Axir, u Yusuf edi-ku...
— Men hech narsaga tushunmayapman. Qanaqa Yusuf?
— Sen xudbin degan yigit. Yusuf... Nafisa bilan yaqinda ularning toʻyi boʻlishi kerak...

Keyin Sharif men bilan xayrlashdi.

Uyda oʻsha kecha allamahalgacha boʻgʻilib, toʻlgʻanib yotdim. Xijolatli bir holatni tuyib ezilar, donolik qilaman, deb nodonlikka yoʻl qoʻyganimdan azoblanardim.

Yoʻq, tongga yaqin qotib qolibman, ancha bardam uygʻondim. Oqshom roʻy bergan butun voqeani eslab, menga endi qiynalishim asossiz, bema’nilik boʻlib tuyuldi. Avvalo, men Nafisaning Yusuf bilan munosabatini qayoqdan bilibman, ular oʻzi mening boʻynimga arqon bogʻlamasligi kerak edi! Buning ustiga, men toʻgʻrisini aytdim, masalan, sahnaga chiqqan aktyor xotinbozlar toʻgʻrisida gapirganida, deylik, zaldagi biron xotinboz mendan ranjimasmikin, qabilida istiholaga borib oʻtirishi kulgili emasmi!

Shu yillari kino sohasidagi bir idorada ishlayman, begʻam-bedard kayfiyatda ishga bordim. Har kungidek qogʻozlarni stol ustiga uyib tashlab, oʻz vazifamni bajara boshladim. Ammo...

Tushga yaqin kutilmaganda eshik ochilib, xonaga Sharifning togʻasi — A’zam aka kirib keldi. Men uni koʻrib, naq jinoyat ustida qoʻlga tushgan kishi singari yuragim orqaga tortdi.

Qiziq joyi: A’zam aka, aksincha, men bilan har qachongidan quyuq soʻrashdi. U osoyishta oʻtirib olib, ob-havodan narx-navogacha — turli narsalar ustida bafurja suhbatlashishga urindi. Aftidan, A’zam aka xuddi kechagi koʻrsatgan hunarim uchun menga minnatdorchilik bildirgani kelganga oʻxshar edi.

U nihoyat maqsadga koʻchayotgandek boʻldi.
— Bir vaqtlar yigitlar qizlarni tanlab-topib, xaridorlik qilishgan, — gapni uzoqdan boshladi A’zam aka. — Hozir bu ish qizlarning gardanida, birovni topib-ma’qullasa — yaxshi, boʻlmasa — yuraveradi. Yigitlarning gʻayrat koʻrsatishidan umid kam. Ota-onaga qiyin... Men buni aytishim noqulay. Lekin Nafisa yomon qiz ekanidan uyda oʻtirgani yoʻq. Sizdan yashirmayman, biz birovni oʻzimiz topib uni uzatishni ham koʻp oʻylaganmiz. Natija chiqmagan... Bizning topganimiz unga yoqmaydi, boʻlmasa yoqtirganingni ayt, deganimiz bilan indamaydi. Faqat yaqinda mana shu Yusuf degan yigit...
— Ayb menda. Men bilmay osiylik qilibman! — boshimni egdim mardligim tutib.
— Yoʻq, ayb sizda emas, — deb keskin toʻxtatdi meni A’zam aka. — Siz albatta bilmagansiz. Undan tashqari, xolis fikri uchun birovdan xafa boʻlish ahmoq odamning ishi... Men boshqa narsa... Nafisaga shu Yusuf yoqdimi, rozilik berib, toʻyga taraddud koʻrayotgan paytimiz...
— Ey, men bari bir... — Gʻudrandim vijdon azobiga oʻxshash hissiyotdan yuragim burdalangan koʻyda.
— Siz mening gapimni eshitmayapsiz, — dedi oʻpkalanib A’zam aka. — Men sizga shunchaki iltimos bilan... Nafisaning bizga uyda ogʻirligi tushmaydi. Farzandimiz, ming yil yurmaydimi! Lekin dunyoda lafz, obroʻ bor. Oldi-berdisi boshlangan toʻyni shagsha toʻxtatsa, odamlar oldida malomatga qatish mumkin. Noqulay...
— Nima, Nafisa tegmayman deyaptimi? — parishonlanib soʻradim A’zam akadan.
— Tegmayman deyapti. Oʻzi topib, oʻzi endi qaysarlik qilyapti... Nafisa sizni hurmat kiladi. Sizga ishonadi... Iltimos. Bizga yordam bering. Qanday boʻlmasin... Koʻchamiz boshidagi kasalxonani bilarsiz, yonida laboratoriya. Nafisa hozir shu yerda ishlaydi. Iltimos...
— Boʻpti, men oʻzim u bilan gaplashaman. — dedim A’zam akaning maqsadiga tushunib, bu odamlar qarshisida gunohimni yuvgim kelganidan hayajonlanib.

A’zam aka mahzun iljayib, menga goʻyoki ta’zim qilmoqchidek egilib-bukilib xonadan chiqib ketdi.

Men bir nafas gangib oʻtirdim. Keyin, tushlik paytidan foydalanib, va’daga binoan Nafisa bilan gaplashish uchun kasalxonaga qarab joʻnadim.

Nafisa ishlaydigan laboratoriya atrofiga temir panjara oʻrnatilgan kasalxonaning roʻparasidagi ikki qavatli moʻ‘jazgina binoda joylashgan edi. Shu kunga qadar bu yerga ishim tushmagandi.

Xoʻp, soʻrab-surishtirib, kirib bordim. Maktablardagi kimyo kabinetlarini eslatadigan, katta-kichik har xil shisha idishlar qalashib yotgan xonada Nafisa qandaydir yapasqi stol ustiga horgʻin enkayib oʻtirardi. Meni koʻrib, allanechuk ajablangandek, shu bilan birga suyungandek boʻldi. Oʻrnidan turib, menga doʻstona koʻl berib, deraza orqali kasalxona tomon imo qilgancha:
— Birovdan xabar olgani kelganmidingiz? — deb soʻradi.

Va’da berganimdan boshlab xonaga kirib Nafisa bilan yuzlashganimga dovur bu kizga pand-nasihat qilish menga hamirdan qil sugʻurgandek bitadigan ish boʻlib tuyulgandi. Mana endi — uning qarshisida turganimda, sarosimalanib tizzam qaltirayotganini sezdim.
— Ha, albatta... — Chaynaldim soʻz topolmay. Aslida, yolgʻon boʻlsa hamki, yana nimalardir deyishim, tegrada bir oz aylanib, beozor suhbatga ragʻbat tugʻilgach, sekin-asta dardimni yorishim kerak edi. Lekin jur’atim yetmadimi, sabrim chidamadimi, har qalay, shu ondayoq qoʻshib qoʻydim: — Siz bilan ikki ogʻiz gaplashmoqchi edim.

Nafisaning avzoyi birdan oʻzgardi:
— Nimani? — deb soʻradi u sergaklanib.

Men bu qizning hayoti, taqdiriga beixtiyor aralashayotganimni, shunga toʻgʻri kelib qolganligani oʻylab, battar sarosimalandim. Uzoq chaynalib, meni kechiring, kecha sizlarnikida koʻrsatganim shunchaki oʻyin, turmush boshqa narsa, singlim, degan joʻn gapni unga obdan uqtirishga urindim. Nafisa menga aljirayotgan odamga qaragandek hafsalasiz tikilib, asabiylasha boshladi. Nihoyat, u dabdurustdan:
— Menga ayting-chi, Yusuf oʻzini koʻproq yaxshi koʻradimi, menimi? — deb yana savol tashladi.

Butun toat-ibodat bir pul. Nafisa oʻz bilganidan qolmayotgan edi. Men mabodo Yusufni ayblasam, bu yerga kelganimdan natija chiqmasligini, aksincha, yoʻq, sizni, desam, bunga Nafisani ishontirolmasligimni his etib, boshim qotgancha gʻudranishga tushdim:
— Bilasizmi, muhabbat doim ham...
— Qoʻying, Mahkam aka... nima keragi bor, — dedi Nafisa. — Men oʻzim uning qanaqaligini koʻnglimda sezib turgandim, faqat ifodalashga qiynalayotgandim. Siz kecha toʻgʻrisini aytdingiz! — daf’atan menga u sinchikov qaradi. — Sizni kim yubordi bu yerga?!

Men oʻzimni butkul yoʻqotib, tipirchilab qoldim.
— Ey, men... yuragim... — deb allanarsalarni gʻuldiradim. Nafisaning koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi.
— Mayli, siz ham shu niyatda ekansiz... men roziman, — dedi u. — Boʻldimi? Keting endi... — Nafisa menga teskari oʻgirilib, deraza oldida shamdek qotdi.

Men xonadan sekin sirgʻalib chiqib ketdim...

Mahkam chuqur sukutga choʻmdi. Hozir — davrada uning ham koʻzlarida yosh halqalangan edi.
— Keyin-chi? Nafisa oʻsha yigitga tegdimi? — sal turib, sekin soʻradi Zamira.
— Ha, tez orada ularning toʻyi boʻlib oʻtdi, — soʻzida davom etdi Mahkam. — Toʻgʻri, Sharif bilan doʻstligimiz buzilmaganiga qaramay, men toʻyga borganim yoʻq. Meni hech kim aytgani ham yoʻq... Yarim yilmi, bir yildanmi keyin, Sharifdan, ogʻayning nega koʻrinmay ketdi, deb soʻrashgan ekan, u meni qoʻymay sudradi. Oʻsha kundan boshlab oldingidek Sharif bilan A’zam akalarnikiga ba’zan kirib chiqadigan boʻldim. Xonadonda hech kim men folbinlik qilgan oqshomni, roʻy bergan koʻngilsizlikni eslab menga ta’nakor boqmadi — ular samimiy kishilar edi!.. Men Yusuf bilan tanishdim, koʻp oʻtmay ma’lum darajada doʻstlashib ham qoldik. U juda yoqimtoy yigit edi. Men uni koʻrib, hatto, vaqtida unga baho berganimda haq emas ekanman, degan qarorga keldim... Nazarimda, Yusuf bilan Nafisaning munosabati ham havas qilgulik edi. Ikkisi ikki gul, biridan biri xushboʻy... Shu taxlit oradan kunlar kechib, oshqozoni jarohatlangan Sharif kasalxonaga — bu ham bir tasodif, qarangki, Nafisa ishlagan laboratoriya yonidaga kasalxonaga tushib davolanishiga, men undan uch-toʻrt marta xabar olishimga toʻgʻri kelib qoldi. Eski moʻ‘jazgina binoga qaytib bosh suqishim yetti uxlab tushimga kirmagandi, ammo Sharifni koʻrgani bir borganimda beixtiyor oʻsha tomonga ham oʻtdim.

Sharifning bemorligini bilgan Nafisa mening kirib kelganimga bu gal ajablanmadi. Hol-ahvol soʻrashib, menga oʻtirgani joy koʻrsatdi. Lekin undan-bundan soʻzlashayotib, u koʻzlari porlagancha, qiziq gap qildi:
— Men bir narsani oʻylayman, Mahkam aka. Tushunmayman... Nega ba’zi odamlar haqiqatni aytgandan keyin chekinib, oʻzlarini panaga olishga urinishadi? Tarixda terisini shilib, gulxanga tashlashganda ham soʻzidan qaytmagan kishilar boʻlgan ekan. Nima uchun hozir birov jazoga tortilmasligaga qaramay, hammamiz qoʻrkib turamiz? Mening fikrim shu, deyish nahotki odamdan katta jur’atni talab qilsa?!
— Bu bizning tomorqamizga otilgan tosh, — dedim gapni hazilga burib.
— Yoʻq, men umuman... bilmoqchiman, — dedi Nafisa.
— Menimcha, siz baxtlisiz. Demak, bunday xayollarning hech qanday...
— Men albatta baxtliman, — dedi Nafisa. — Biz hammamiz ham toʻrt devor ichida oʻzimizcha baxtlimiz, — kulib, negadir qoʻshib qoʻydi u. — Bari bir, bilishim kerak. Mardlik yetishmaganiga biron sabab bordir-ku, dunyoda...

Nafisa shu kuni goʻyoki mening qarshimda oʻtirgan hakam edi. Men uning asosli gapiga javob qilolmasligimni, javob qilganimda ham, boridan koʻra ogʻirroq malomatdan kutulolmasligimni oʻylab, badanimdan sovuq ter chiqib ketdi.
— Mavridi kelsa, hozir ham mardlik qiladi odamlar. Hamma narsa sharoitga bogʻliq, — deb gʻudrandim, bahs tugadi, degandek oʻrnimdan turib. — Undan tashqari, bunaqa masalani dabdurustdan muhokama qilib boʻlar ekanmi? Uydagilarni soʻrab qoʻying...

Men Nafisa borasida osoyishtalangandim, shu suhbatdan keyin qaytib gʻashlanib qoldim...

Mahkam yana sukutga choʻmdi.
— Boʻlgan-bori shumi? Tamommn? — bezovtalandi Keldiev.
— Siz oxirini aytmadingiz. Bu voqea shunday oddiy tugashi mumkin emas, — dedi kuyunib Xolida, koʻzi ostidan eriga qarab qoʻygancha.
— Qisqasi, ular birga yashayaptimi, qanday yashayapti, gapiring, doʻstim, —toʻngʻilladi Qambar, — har qalay, voqeaning oxirida nuqta boʻlishi kerak...
— Toʻgʻri, lekin... nima desam ekan... oxirini aytganimdan natija chiqmaydi, chunki bunga akl bovar qilmaydi, — dedi Mahkam. — Qizlarining irodasiga qaramay, oʻz bilganlaricha ish bichishganidan oxir-oqibatda azoblanibmi, boshqa sababdanmi, harholda, uch yil ichida A’zam aka bilan xotini dunyodan oʻtishdi. Nafisa shahar etagidagi bogʻ-hovlida Yusuf bilan yolgʻiz qoldi. Biron yil oʻtar-oʻtmas, Nafisaning oʻzi ham boʻgʻma kasaliga chalinib, koʻz yumdi... Shunday qilib, arzimagan davr ichida butun xonadon barbod boʻldi. Bogʻ hovli, yillar davomida odamlar yiqqan ashyolar, buyumlar, kitoblar — hamma narsa Yusufga buyurgan ekan, Yusuf egallab oldi. Lekin gap bunda emas... Men Nafisaga tegishli marosim kunlarida Yusufni kuzatib, uni birinchi koʻrayotgandek, es-hushim ogʻdi. U Nafisa uchun zoʻr berib, namoyishkorona iztirob chekar, ammo harakatlari aniq, qat’iy, bir soʻz bilan Yusuf — har qachongi yoqimtoy yigit edi. Men bu yigit Nafisani hech qachon sevmaganini his etdim. Shu boisdandir, menga xonadonning baxtsizligi oddiy, tabiiy roʻy bergan kulfat boʻlib koʻrinsa-da, aslida, bu yerda qandaydir yashirin bir jinoyat berkinib yotgandek tuyuldi...

Mahkam choʻntagidan roʻmolcha chiqarib, kipriklariga ingan yeshni artdi.
— U hozir ham oʻsha bogʻ-hovlida turadimi? — deb soʻradi Zamira.
— Ha, oʻsha yerda. Yangi oilasi bilan... Boshlanishida aytganimdek, bu hammasi besh-olti yil ichida sodir boʻldi...
— Menga qarang, nima qilganda ham, siz suratga qarab bu yigitga avvaldan toʻgʻri baho bergan ekansiz-ku, — dedi Keldiev. — Hammasi siz aytgandek boʻlib chiqibdi. Shunday ekan, nega oʻzingizni burdalayapsiz?
— Bu kishi soʻzlarida qattiq turmaganlariga oʻkinyaptilar, — eriga tushuntirish berdi Zamira, shuning barobarida, ilmoq tashlashga urinib.
— Menimcha, siz baho bermaganda ham butun voqea shunday kechardi, — dedi Xolida. — Hayotda nimalar boʻlmaydi...
— Men ketma-ket ikkita xatoga yoʻl qoʻydim. Avvalo, hunar koʻrsatmaganim ma’qul edi. Keyin, soʻzimdan qaytmasligim kerak edi, albatta, — dedi Mahkam oʻychan. — Yoʻq, men oʻsha oqshom tilimni tishlaganimda, voqea boshqa shaklga kirishi ham mumkin edi. Nima uchun?! Bunday manzarani tasavvur kiling... Yusuf xudbin edi, toʻgʻri. Lekin biz hech qaysimiz farishta emasmiz, birovga ehtiyotsizlik bilan baho beraverishni kim qoʻyibdi bizga?! Avval oʻzingga boq, degan gap bor. Har kim boshkdlarga daholik kilishni emas, oʻz qusurlarini yoʻqotishni oʻylasa! Axir, har birimizda oʻzimizga yarasha qusur topiladi. Xoʻp, allabir faylasuf, odam — suyuqlik, qaysi shishaga solsangaz, shunga mos shaklga kiradi, degan ekan. Aytmoqchimanki, Yusuf qaynotasi A’zam akaning xonadonida — ezgu kishilar orasida, Nafisaning muhabbati tufayli oʻzgarib ketishi ham ehtimol edi. Nafisa uni xudbin deb bilib, xudbinligani eslataverib, cheksiz muhabbat kutib, qiynab, bu yigitni oʻzgarish oʻrniga battar xudbinlikka tomon surib yubormadimikan?! Bunisi mayli... A’zam aka, xotini oʻz kuyovlarining yomon jihatini bilishmasa, toʻyni tinch oʻtkazaverishsa, balki dard-alam koʻrmay yurishaverarmidi?! Nafisaning oʻzi ham ortiqcha qiynalmasmidi?! Hattoki, ular shunday oʻlib ketishganida ham, oʻlim bostirib kelgunicha, bu xonadondagilar boridan koʻra ancha baxtli yashasharmidi?! Ikkinchi xato... men soʻzimdan qaytmay, toʻy buzilganidan butun hayot buzilgani yomonroq, deb haqiqatdan chekinmaganimda ham, voqea boshqacha koʻchardi... Qaysarlanayotgan Nafisaga men madad boʻlardim, A’zam aka, xotini mendan injishgani ham, malomat ham oʻtardi-ketardi. Nafisa, ehtimol, yanada kech boʻlsa-da, bir kuni oʻz baxtini topardi. Balki, bunday baxtsizlik roʻy bermas edi... Men oʻsha bogʻ-hovlida koʻpchilik toʻplangan oqshom nega mahmadonalik qilib, surat haqida soʻzlandim?! Yusufning surati qoʻlimga tekkanida, noxushlikni sezaturib, oʻzimni nega toʻxtatolmadim — bunga nima xalal berdi?! Koʻp oʻylayman... Erka, Yusufga nisbatan koʻproq xudbin ekanligimdan beixtiyor shunga yoʻl qoʻymadimmikan?! Yoki hammasiga Nafisani oʻzimcha bir oz yoqtirganim sabab boʻldimi?! Aytish qiyin... Boʻlgan-bor voqea shu... Oʻzlaring bilganlaringcha tushunib olaveringlar...

Davrada endi hamma nafasini ichiga yutib, mum tishlab qolgan edi. Mahkam bexos oʻrnidan qoʻzgʻaldi, eshik yoniga borib, kiyinishga tushdi.
— Ha, namuncha birdan... Koʻlingizga albom tutqazmaymiz, qoʻrqmang, — dedi Xolida davraning ruhini oʻzgartirgasi kelibmi, yarim hazil, yarim chin ohangda.
— Gap qoʻrqishda emas... Qachon shu voqeani eslasam, yuragim oʻynay boshlaydi. Bir yerda oʻtirolmay qolaman, — dedi Mahkam jiddiy. U eshikka yoʻnalib, ostonada toʻxtadi va orqaga oʻgirilib endi bedardmi, kinoyalimi iljaydi. — Hamma aytganlarimga ishondinglar-a? Holbuki, tixirlik qilavermanglar, deb men buni xozir toʻqidim, — Gʻudrandi negadir. — Birovning uyidagi albomni boshqa odamlar koʻrishining nima hojati bor?! — Mahkam xonadan chiqib ketdi.

Davradagilar uning izidan eshikka tikilib, hech narsaga tushunolmay angrayishdi...