OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOmonulla Fayzullayev
Asar nomi«Shomu saxarlar oh urib»
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Omonulla Fayzullayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 4-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Shomu saxarlar oh urib»
Omonulla Fayzullayev

Gʻafur Gʻulom otam Fayzullaxoʻja bilan birgalikda 1916 — 1917 yillari Toshkentdagi rus-tuzem maktabida oʻqiganligini va ular bolalikdan doʻst boʻlganligini yoshligimdan bilaman. Shu tufayli boʻlsa kerak, u kishining faoliyati bilan hamma vaqt qiziqqanman.

1943 yili Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi ta’sis etilganda Gʻafur Gʻulom akademik etib saylandi.

Gʻafur Gʻulom akademiya ta’sis etilganidan to umrining oxirigacha — yigirma yildan ortiq vaqt davomida Til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim boʻlib ishladi. Oʻsha vaqtlari akademiyaning barcha ijtimoiy-gumanitar fanlari sohasida doktorlik dissertatsiyalari yoqlanadigan ilmiy kengashining a’zosi edi. Institut va kengashdagi ilmiy muhokamalarda uning fikrlari anjumanlarni jonlantirib yuborardi.

Gʻafur Gʻulom odamlar bilan koʻrisha boshlaganida, albatta, xursand qiladigan bir gapni aytardi. Misol tariqasida akademik Ibrohim Moʻminovning hikoyasini keltiraman.

1945 yilning aprel oyi ekan. Gʻafur Gʻulom va Ibrohim Moʻminov akademiyaning ishlari bilan Moskvada «Moskva» mehmonxonasida bir necha kun yonma-yon xonalarda istiqomat qilishgan ekan. Oxirgi kuni Gʻafur Gʻulom Ibrohim Moʻminov xonasiga kirsa, Ibrohim aka yana oʻsha Bedil qoʻlyozmalari ustida ishlab oʻtirgan ekan. Gʻafur aka soʻz boshlabdilar: «Kechayu kunduz Bedilning ustida oʻtiribsiz, Xislat kabi Majnun boʻlib, shomu saharlar oh urib». Ibrohim aka javob beribdilar: «Ne qilay, naylaram, bogʻu chaman sayri-la jonon boʻlmasa». Bu mushoiradan keyin ikkovlari Toshkentdagi mashhur bedilxonlik maktabining rahbari Xislat Eshon haqida oʻz mulohazalarini aytishibdi. Toshkentga kelishganida Gʻafur aka Ibrohim aka bilan Xislat Eshonni tanishtirishga va’da beribdi.

Ibrohim aka bir suhbatda menga aytdilar: «Gʻafur Gʻulom meni Xislat Eshonning Koʻkchadagi hovlisiga olib bordi va uchalamiz ma’lum ma’noda bedilxonlik qildik. Avvallari Xislat Eshon she’rlarini Musa akamdan eshitar edim. U kishi nazariy fizika sohasida qandaydir formulalar yozib oʻtirib, Xislat Eshonning lirikasiga oʻtib ketar edilar.

Dastlabki koʻrganlarim va bilganlarim. Men Gʻafur Gʻulomni u kishining oʻttiz yoshlarida uch marta koʻrganman. 1933 yili Toshkent shahrining Chorsu chorrahasida Nodira nomidagi 11-maktab hovlisida shoir bilan uchrashuv boʻldi. U kishi bir necha she’r oʻqib berib, biz — oʻquvchilarni yaxshi oʻqishga chorladilar. Ha, oʻsha vaqtdayoq Gʻafur Gʻulom taniqli shoir edi.

Ikkinchi koʻrishim — otam Fayzullaxoʻja, togʻalarim — Sanjar Siddiq, Muhiddin Ziyoviddinov va Bashar Usta Gʻafur Gʻulom bilan tengdosh, qadrdon doʻst edilar; ular qandaydir bir munosabat bilan biznikida yigʻilishdi. Men choy quyib turuvdim, Gʻafur aka gap orasida mendan soʻrab qoldilar: «Qaysi maktabda oʻqiysan?». Men aytdim: «Nodira maktabida, oʻtgan hafta siz bizlarga she’rlar oʻqib bergan edingiz». Gʻafur Gʻulom: «Afsuski, maktabinglarning nomi oʻzgarib qolibdi, endi maktabingizning nomi Roza Lyuksemburg emish». Bu adolatsizlikdan boshqa oʻtirganlar ham bilinar-bilinmas afsuslanishdi. Gap shundaki, ochiqdan-ochiq baralla norozilik bildirish sovet hukumatining milliy siyosatiga qarshi chiqish boʻlib qolardi, ishtirokchilarning hammasi shu kechasiyoq hibsga tushib qolishi xavfi borligi uchun oʻzlaricha ehtiyotgarlik qilardilar.

Uchinchi koʻrishim — amakim, mashhur shoir Xislat Eshon uylarida Abdulla Qodiriy, Sulaymon Xoʻjaev va Gʻafur Gʻulomni uchratganman. Ular doʻst, she’riyat va san’atda hamnafas edilar. Xislat Eshon bilan Gʻafur Gʻulom ota-boladek qadrdon edilar. 1941 yili Nizomiy yubileyiga tayyorgarlik koʻrilayotgan davrda bu buyuk shoirning she’rlarini oʻzbekchaga tarjima qilishni Xislat Eshonga topshirishni tavsiya etgan Gʻafur Gʻulom boʻladi.

Keyinchalik Gʻafur Gʻulom bilan koʻp marta uchrashganman va bu allomaning boshqalardan ajralib turadigan xislatlariga alohida e’tibor berib borganman.

Gazetaning tayanchi. Men «Qizil Oʻzbekiston» gazetasida urushdan keyingi vaqtlarda fan boʻyicha adabiy xodim boʻlib ishlaganman. Muharririmiz Sharof Rashidov gazetaning har jihatdan mavqeini koʻtardilar. Tahririyatda taniqli ijodkorlar ishlardilar. Gazeta faoliyatida ularning xizmatlari katta boʻlgan, albatta. Lekin, «doʻppi tor» kelib qolganda, ya’ni ertaga gazetada bosilib chiqishi zarur boʻlgan dolzarb she’r yoki muhim bir maqola yozish kerak boʻlganida xodimlar darrov Gʻafur Gʻulomga murojaat qilishardilar. Gʻafur Gʻulom bunday vazifani bajarishda hamma vaqt hoziru nozir edi.

Gʻafur Gʻulom va Sadriddin Ayniy suhbati. Elliginchi yillar boʻlsa kerak, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasida qandaydir bir majlis tanaffusi vaqtida Gʻafur Gʻulom bilan Sadriddin Ayniy anhor tomon suhbatlashib borishdi. Sadriddin Ayniy savol berib qoldi: «Bu suvning nomi nima?» Gʻafur Gʻulom: «Anhor». Sadriddin Ayniy: «Iy-e, Anhor, bu — katta ariqqa beriladigan umumiy nom-ku?» Gʻafur Gʻulom: «Gapingiz toʻgʻri. Lekin bu yerda...»

Gʻafur akaning javobini toʻla eshitolmaganimdan hanuz afsuslanaman.

Farzandlar otalarining nomlaridan foydalanmasinlar. Gʻafur aka oʻgʻillaridan biri maktabda oʻqib yurgan paytlarida geografiyadan Majid Muborakov degan muallim dars bergan ekan. Bu muallim maroq bilan bir voqeani hikoya qilib bergandi bizlarga. Bir kuni Gʻafur aka maktabga kelibdilar-da, shu geografiya muallimiga aytibdilar: «Men oʻgʻlimni geografiyadan imtihon qilib koʻrdim. U ba’zi mamlakatlarni xaritadan koʻrsatib berishga qiynaldi. Geografiyadan bahoing qanday desam, «5», dedi. Sen, Majiddin, mening nomim uchun «5» qoʻydingmi?» «Men aytdim, — deydi Majid aka, — yoʻq, hamma savollarimga javob bergani uchun «5» qoʻyganman». Gʻafur aka shunda bunday debdi: «U holda, sening savollaring, binobarin, oʻzingning geografiya sohasidagi biliming sayoz ekan. Mening senga geografiyadan bahoim shu. Yaxshilab oʻqib va uqib ol: bolalarga chuqurroq bilim ber. Bolalarga, bu falonchining oʻgʻli, deb baho qoʻyma. Xayr». Nihoyat, Majid aka aytdilar: «Gʻafur akaning bu maslahati va nasihati dars berish uslubimning yanada yaxshilanishiga ancha ta’sir qildi...»

Yana bir misol. Gʻafur akaning katta oʻgʻli Ulugʻbek fizika-matematika fanlari doktori, professor, Fanlar akademiyasining a’zosi, Yadro fizikasi institutining direktori edi. (Joyi jannatda boʻlsin.) U kishi bir hikoya aytib bergan edi. Gʻafur aka uzoq safardan qaytib, Toshkentga kelgach, oʻgʻli Ulugʻbekdan: «Qaysi institutga oʻqishga kirish uchun hujjatlaringni topshirding», deb soʻrabdilar. Ulugʻbek javob beribdi: «Filologiya fakultetiga». Gʻafur aka: «Chakki qilibsan, har qanday filologiya professori boʻlsang ham, baribir, mening soyamda qolib ketasan. Hali kech emas, hujjatlaringni boshqa fakultetga topshir». «Men, — degandi Ulugʻbek, — hujjatlarimni filfakdan olib, fizfakka topshirdim. Endi bunday oʻylasam, otam toʻgʻri qilgan ekanlar. Men fizik ekanman, hech qanday soya ostida qolmadim, oʻzim oʻzimning yoʻlimni topdim».

Olimlarga munosabatidan ikki shingil. 1966 yil iyun oyida Gʻafur akaning hovlisida u kishining jiyani Muzaffar Xayrullaev doktorlik diplomini olishi munosabati bilan ziyofat berildi. Bu ziyolilar yigʻinidan mening xotiramda ikki voqea qolgan.

Birinchisi — mehmonlar kelguncha hovlining oʻrtasidagi soʻri karovatga solingan koʻrpachalarda 5-6 kishi oʻtirishardi. Ular: Habibiy, Sobir Abdulla, Charxiy va san’atkorlar edi. Karovatning chap tomonida oʻtirgan Habibiy choy quyib turganligi hanuz koʻz oldimda. Sal beriroqda, Muhammadjon aka bilan men zilzilaning mexanikasi haqida suhbatlashib turuvdik, Gʻafur aka: «Muhammadjon, zilzilaning otasi sensan, deb eshitaman, menga tushuntirib ber-chi, zilzila nima qilmoqchi oʻzi», dedilar-da, oʻsha karovat oldidagi stulga oʻtirishga taklif qildilar. Shu joyda aytish joizki, Gʻafur aka Qori Niyoziydan boshqa hamma akademiklarga «sensirab» gapirardi. Muhammadjon aka yer qimirlash sabablari haqidagi hozirgi zamon seysmologiya ilmining yutuqlari va kamchiliklarini tushuntirib berdilar-da, «Bu — mening soham emas, men shugʻullanayotgan narsa — imoratlarning, inshootlarning zilzilaga chidamliligini oshirish muammosi», dedilar.

Men suhbatga qoʻshildim-da aytdim: «Muhammadjon aka yaqinda bu sohada bir qonuniyatni kashf qildilar...» Gʻafur aka: «Nima ekan u?» — dedi. Men: «Zilzila kuchliroq boʻlganida bino devorlarining pastidan tepaga hisoblaganda asosiy zoʻriqish 2/3 qismda sodir boʻlishini domla matematik-dinamik jihatdan aniqlab berdilar va bu ilmiy natija amaldagiga mos keldi», dedim.

Gapga boshqalar ham aralashdilar. Gʻafur aka xulosa qilib aytdilar: «Ha, bunaqangi hodisalarda har kim oʻz sohasidan kelib chiqib, yanada tuzukroq, faol ishlamogʻi, ijod qilmogʻi talab qilinadi-da, axir. Mana biz — shoirlar, yozuvchilar, san’atkorlarning vazifamiz xalqqa tasalli beradigan ishlar qilishdir».

Ikkinchi esimda qolgani — mehmonlar kelayotganida Gʻafur Gʻulom bilan Ibrohim Moʻminov bir-birlarini quchoqlab, apoq-chapoq boʻlib, juda quyuq va uzoq vaqt davomida koʻrishganliklari hanuz koʻz oldimda. Men bu diydor koʻrishish manzarasini koʻrib, koʻp narsani oʻyladim.

Avvalo, oldinroq boʻlib oʻtgan bir voqea esimga tushdi. Ibrohim Moʻminov bir suhbatimizda Gʻafur akaning respublikamizga, xalqimizga vatanparvarlik xizmati nihoyatda katta, degan edilar. Meningcha, Ibrohim akaning shu kundagi Gʻafur akaga koʻrsatgan munosabati oʻsha fikrning amalda namoyon boʻlishi boʻlsa ajab emas. Gʻafur akaning Ibrohim akaga nisbatan koʻrsatgan qalbdan hurmatining asosiy sababi — mana shu Ibrohim Moʻminovning Amir Temur bobomizni qaytadan tiriltirishda vatanparvarlik xizmati va bu murakkab kurashda tortgan jabri boʻlsa kerak, deb oʻyladim.

Alloma ruhini e’zozlash. 1967 yili Dushanba shahrida Oʻrta Osiyo fani va texnikasi tarixiga bagʻishlangan konferentsiya boʻldi. Bu anjuman ishlarida Oʻzbekistondan 25 olim faol ishtirok etdi. Ibrohim Moʻminov, Sa’di Sirojiddinov, Yolqin Toʻraqulov, Ulugʻbek Gʻulomov, Muzaffar Xayrullaev va men kechqurun gaplashib oʻtirgan edik, oʻsha shaharlik ikkita odam kirib keldi-da, Gʻafur Gʻulomning oʻgʻillari kim boʻladi, deb soʻradilar. Ulugʻbekjon, men, deb javob berdilar. Ularning kattarogʻi: «Biz sevimli shoirimiz Gʻafur Gʻulomni dafn etishda qatnasha olmadik. Bugun eshitdikki, u allomaning oʻgʻillari shu yerda ekan. Darrov, mana keldik. Allomaning ruhlari shod boʻlsin», dedi-da, Ulugʻbekjonga toʻn kiygizdi.

Bizlar ular kim, ism-shariflari nima ekanligini surishtirishga ham ulgurolmay qoldik. Harholda, ular shoir yoki adib emas edilar, Gʻafur Gʻulom she’riyatining oddiy muxlislari edilar.