OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOrhan Pamuk
Asar nomiDeraza orti manzaralari (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Postmodernizm
Mualliflar
   - Orhan Pamuk
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm46KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Deraza orti manzaralari (hikoya)
Orhan Pamuk

1

Hech narsa koʻrib ham, tinglab ham boʻlmasa, bu - hayot emas, zerikishning oʻzginasi. Bolalagimdan zerikish bilan qanday kurashib kelinganini guvohi boʻlganman – radio tinglashgan, deraza ortidan koʻchani kuzatishgan, oʻtayotgan odamlar, deraza qarshisidagi uylarni tomosha qilishgan. 1958 yillarda hali Turkiyada televizorlar ommalashmagan edi. Butunlay boʻlmagan edi, deb boʻlmaydi. «Boʻlmagan» soʻzi koʻproq Istanbul kinoteatrlarida «Hali prokatga olib kelinmadi» degan soʻzlarga ohangdosh edi, xolos. Aslida, oʻsha turli Gollivud melodrammalari uch-besh yil oldin suratga olingan boʻlib chiqardi.

Deraza ortidan kuzatish shu qadar tabiiy odatga aylandiki, televizorlar paydo boʻlganidan soʻng ham odamlar deraza ortidan turib, kuzatishni tark etmadilar. Otam, amakim va buvim televizordan koʻz uzmay, suhbatlashishar va janjallashib ham olishardi. Bir-birlariga qaramay, derazadan tashqarini kuzatib oʻtirishganday bir-birlariga shu haqda aytishardi.
— Bu qish qor uzoq turib qoladi, - derdi ertalabdan buyon yogʻayotgan mayda-mayda qorni kuzatib xolam.
— Bunisi – holva. Sotuvchi yana Nishontoshi burchagida turib olibdi, - derdim boshqa derazadan tramvay yoʻllari boʻylab kuzatarkanman koʻchani.

Bozor kunlari amakim, xolam va bizning oila buvimnikida tushlik qilardik. Hammamiz bitta uyda, faqat boshqa-boshqa qavatlarda yashardik. Dasturxon tuzatishlarini kutgancha deraza ortidan koʻchani kuzatib turar ekanman, men oʻzimni tugʻishganlarim, qarindosh-urugʻlarim orasida shunday baxtli sezardimki, hatto katta stolni xiragina yoritib turgan xira billur qandillar ham koʻzimga yarqirab koʻrinardi.Buvimning oshxonasi hamisha nim yorugʻ, boshqa xonalari ham xuddi shunday, balki bundan-da qorongʻuroq boʻlardi. Bu balkim hech ochilmaydigan balkon eshiklariga osib tashlangan ogʻir darpardalardan toʻkilayotgan, sirgʻalib tushayotgan soyalardandir, balkim dim xonalarda oʻtirib qolgan hidlardandir. Bu xonalar sadafdan yasalgan asboblar-ashyolar,koʻchma pardalar, eski sandiqlar, katta-kichik stollar, ulkan dumli royal, uning ustidagi ramkali fotolar va bir uyum boshqa narsalarga toʻla. Tushlikdan soʻng amakim oshxonaga yondosh xonalardan birida tamakisini tutatardi.
— Menda futbol oʻyiniga chipta bor, lekin oʻzim borolmayman, - dedi u bexosdan.- Sizlarni oʻyinga otangiz olib bora qolsin.
— Ota, bizni futbolga olib boring, - iltimos qildi akam.
-Bolalar ochiq havoga ham chiqishgan boʻlardi, - dedi onam mehmonxonadan turib.
— Oʻzing olib bor,- dedi otam onamga.
— Onamnikiga ketayapman, - e’tiroz bildirdi onam.
— Men buvimnikiga bormayman, - dedi akam.
— Mashinamni bera qolaman, - dedi qat’iylik bilan buvam.
— Ota, olib bora qoling, iltimos, - turib oldi akam.

Uzoq vaqt oraga gʻalati jimlik choʻkdi. Mehmonxonada oʻtirganganlarning bari otamning ogʻzidan chiqadigan soʻzga qarab turishardi. Otam esa buni sezib :
— Mashinamni berib turaman, deyapsizmi? – deb soʻradi u nihoyat buvamdan.

Onam bizga qalin issiq paypoq va katak-katak ikkitadan sviter kiygizayotgan paytda otam uzun dahlizda sigaret chekkancha u yoqdan- bu yoqqa borib kelayotgan edi. Buvamning toʻq koʻk rang mashinasi Tashviqiy masjidi yonida yopigʻliq turardi. Otam ikkimizni mashinaga oʻtqazgach, motorni bir yoqishdayoq oʻt oldirdi.

Stadionda odam siyrak edi.
— Manovi chipta ikkoviga, - dedi otam chipta tekshiruvchisiga.- Biri sakkiz, ikkinchisi oʻn bir yoshda.

Chipta tekshiruvchining oʻtkir nigohlaridan oʻtib, ichkariga kirdik. Koʻp oʻrindiqlar boʻsh ekan, darhol joy topib oʻtirib oldik.

Komanda nam maydonga tushib keldi. Menga futbolchilarning oppoq kalta ishtonda tushib kelib, sovuq qotmaslik uchun maydonda sakrashlari yoqdi, ularni maroq bilan kuzatardim.
— Qara, Kyuchyuk Mexmetni koʻrayapsanmi, - koʻrsatdi akam ulardan biriga koʻrsatkich barmogʻini nuqib. – Uni yoshlar komandasidan olishibdi.
— Oʻzim ham bilaman.

Oʻyin boshlandi, nafasimizni ichimizga yutib, oʻyinni tomosha qila boshladik. Oradan bir necha daqiqa oʻtgach, mening koʻzim oʻyinda-yu, xayolim boshqa tomonlarga ketib qoldi. Nega futbolchilarning kiyimlari bir xilda-yu, ismlari turlicha? Nazarimda, stadionda oʻyinchilar emas, ularning ismlari yugurib yurgandek edi. Oʻyinchilarning ust-boshlari borgan sari ifloslanib borardi. Mening e’tiborimni asta-sekin suzib kelayotgan paroxodning trubasi tortdi. Birinchi taym yakunlanguncha ham darvozaga toʻp ura olishmadi, tanaffus paytida non bilan shirin noʻxat sotib oldik.
— Ota, men hammasini yeya olmayman, - dedim.
— Qolganini anavi yerga qoʻyib kelaqol, -dedi u, - hech kim koʻrmaydi.

Biz ham isinishga urindik, oyogʻimizni oyogʻimizga ura boshladik. Uchalamiz ham shimimizning choʻntagiga qoʻlimizni solib, futbol maydoniga orqa oʻgirilib, boshqa tomoshabinlarni kuzata boshladik. Toʻsatdan olomon orasidan kimdir otamni chaqirib qoldi. Otam esa uning gaplarini eshitolmas, qoʻllarini qulogʻi ortiga tutib, diqqat bilan quloq tutdi.
— Borolmayman, - dedi u qoʻllari bilan bizni koʻrsatib, - bolalarim bilan birgaman.

Siyohrang sharfdagi. odam atrofdagilarni nari-beri itarib, biz tomonga oshiqdi.

-Bular sening bolalaringmi? – dedi u otam bilan quchoqlashib koʻrishar ekan.- Ishongim kelmayapti, katta boʻlib qolishibdi-ku!

Otam miyigʻida kulib turardi.
— Qachon katta qilib ulgurding? – tinmay javrardi otamning tanishi bizga ajablanib qararkan. – maktabni bitiriboq uylangansan-a?
— Ha, - dedi otam tanishining yuziga qaramay.

Ular gaplasha boshlashdi. Siyohrang sharfli kishi bizning kaftimizga bittadan amerika pistasidan tutqazdi. U ketgach, otam oʻrindiqqa oʻtirib, uzoq sukut saqladi.

Futbol komandasi oʻyin maydoniga toza kiyimda yugurib chiqib, kelishayotganda, otam:
— Uyga keta qolaylik. Sovuq tushib qoldi, - dedi.
— Men sovqotmayapman, - dedi akam.
— Yoʻq, sovuq-ku. Ali sovqotib qoladi. Qani, oʻrinlaringdan turinglar-chi. – tizzalarni bir-biriga urib, oʻtirganlarni oyoqqa turishlariga majbur etdik. Biz oʻyin maydonini tark etayotganimizda, hakamning hushtagi eshitildi. Ikkinchi taym boshlangan edi.
— Sovqotdingmi? – soʻradi akam mendan. – nega otamga sovqotmadim, deb aytmading?

Akamning gapiga javob qaytarmadim.
— Ahmoq, -dedi u.
— Ikkinchi taymni uyda radiodan eshitarsan, - dedi otam.
— Bu oʻyinni radiodan bermaydi , - javob qaytardi akam.
— Sekin, - dedi otam. – boʻlmasa, ortimizga Taksim orqali qaytib borarmiz.

Biz indamay yoʻlda davom etdik.

Otam mashinani Taksim orqali haydadi.
— Eshikni hech kimga ochmanglar. Men tezda qaytaman.

U mashinadan tushdi. Mashina eshigini kalit bilan qulflagach, biz ichkarida qamalib qoldik. Otam bilet sotuvchi yoniga bormadi. U boshqa tarafga tez yurib, doʻkonga kirib ketdi. Doʻkon derazasidan osib qoʻyilgan katta – katta samolyotlar, kemalar, goʻzal manazarali plakatlar koʻrinib turardi.
— Otam qaerga ketayaptilar?
— Uyga borganimizdan keyin «Toq va juft» oʻyinini oʻynaymiz, -dedi akam savolimga javob bermay.

Otam qaytib kelgach, tezlik uzatish dastasini burab, tezlikni koʻtardi. Biz Nishontoshi maydoniga yetib keldik. Otam mashinani machit yoniga toʻgʻrilab qoʻydi va Olovuddin doʻkoni yonidan oʻtib ketayotganimizda:
— Sizlarga biron narsa olib bermoqchiman, faqat saqich olib berishimizni soʻramanglar, - dedi.
— Otajon,unday qilmang, - yalindik biz.

Otam Olovuddin doʻkoniga kirib, biz xush koʻradigan saqichdan olib chiqdi. Biz pod’ezdga kirgach, besaranjom boʻlib qoldim. Lift ichida hojatga chiqqim kelib qolsa boʻladimi?! Uyimizning ichi issiqqina edi. Oyim hali buvimnikidan qaytib kelmagan ekan. Biz otam olib bergan saqichning oʻramini shosha-pisha ochib, qogʻozini yerga tashladik. Saqichimning oʻramidan Fevzi Chakmak Poshsha surati, boshqasidan Charli Chaplin va jangchi Xalita Kaplanning surati chiqdi. Gandi, Motsart va de Gollya, Otaturkning ikki qavatli xatchoʻpdagi tasviri, Greta Garboning 21-raqamli ostidagi tasviri – bunday xatchoʻplar akamda yoʻq edi. Qoʻlimda roppa-rosa 173 ta xatchoʻpim bor, biroq hamma seriyalarni toʻplash uchun menga yana 27 ta turli xatchoʻplar kerak edi. Akamning qoʻliga marshal Fevzi Chakmak Poshsho aks ettirilgan toʻrtta xatchoʻp, Otaturkning surati bor beshtta xatchoʻp, Edison suratli bitta xatchoʻp tushib qoldi. Biz ogʻzimizni saqich bilan xatchoʻpning orqa tomoniga yozilgan soʻzlarni oʻqiy boshladik: «Marshal Fevzi Chakmak (1876-1950), Ozodlik urushi bosh qoʻmondoni. «Mashhurlar» seriyasidan 1000 ta turli xatchoʻpli toʻplam yigʻing va teridan yasalgan futbol toʻpini Mambo Shiker Chaklet Sanayi tomonidan tuhfa sifatidan qabul qiling.

Akam qoʻlidagi qogʻozli saqichdan chiqqan rasmlari koʻpayib qolganini aytdi.
-«Toq va juft « oʻyinini oʻynaymizmi?–soʻradi u.
— Yoʻq, - dedim.
— Mening oʻn ikkita Fevzi Chakmakimga bitta Greta Garboni almashasanmi? Shunda senda roppa-rosa 184 ta boʻladi.
— Yoʻq, almashmayman, - javob qaytardim men.
— Senda Greta Garbodan ikkita-ku.

Men indamay turaverdim.
— Ertaga emlayotgan payt yonimga yugurib kelma, xoʻpmi?
— Kelmayman ham.

Kechki ovqatni jimgina tanavvul qildik. Hammamiz «Sport dunyosi» koʻrsatuvini koʻrib, oʻyin 2:2 bilan yakunlanganini eshitdik. Onam bizni uyquga yotqizish uchun xonamizga kirib keldi. Akam papkasini saramjomlayotgandi, men mehmonxonaga yugurib chiqib ketdim. Otam deraza yonida koʻchaga qarab turardi.
-Ota, men ertaga maktabga bormayman.
-Nimalar deyapsan, oʻgʻlim?
— Ertaga bizni emlashmoqchi, - dedim men.- Issigʻim chiqib, nafasim siqilib qoladi. Oyim biladilar.

Otam menga indamay qarab turardi. Men qogʻoz-qalam olib kelish uchun yugurib chiqib ketdim.
— Oyingni bundan xabari bormi? – soʻradi otam oʻqib, nihoyasiga yetkaza olmayotgan qandaydir qogʻozga muk tushib. – Maktabingga albatta borasan. Men seni emlamanglar, deb yozib beraman.

Otam xat yozib berdi. Siyohi qurimagan xatni puflab quritdim-da, buklab choʻntagimga solib qoʻydim.Xonamga kirib, xatni sumkamga solib qoʻydim. Karavotda sakray boshladim.
— Esingni yigʻib ol,- dedi onam. - Qani, uxla-chi.

2

Maktabda tanaffus payti ikkitadan qilib qatorlashtirishgancha emlash uchun oshxonaga olib tushishdi. Emlash paytida kimdir yigʻlardi, kimdir qoʻrquv bilan oʻz navbatini kutardi.Spirtning hididan yuragim gʻalati boʻlib ketdi. Men qatordan chiqib, zinapoya yonida turgan oʻqituvchining yoniga keldim.
— Nima boʻldi? – soʻradi oʻqituvchim.

Men choʻntagimdan otam yozib bergan xatni chiqarib, oʻqituvchimning qoʻliga tutqazdim. U aftini bujmaytirib, xatni oʻqidi.
— Sening otang doktor emas-ku, - dedi u:- Yaxshi, tepaga tushib chiqay-chi. 2 «a»ning yonida tur.

2 «a» sinfida menga oʻxshash olti-etticha «sababli» bolalar bor edi.Ulardan biri diqqat-e’tiborini derazaga qaratgan edi. Koridordan qichqiriq va yigʻi ovozi eshitilar, semiz, koʻzoynak taqqan, navbatchi pista chaqqancha Kinovning kitobini oʻqirdi. Eshik ochilib, direktor yordamchisi Sayfibey kirib keldi.
-Sizlardan qay biringiz haqiqatdan ham kasal boʻlsangiz kerak, - deya gap boshladi u. – Agar kimningdir haqiqatdan ham uzrli sababi boʻlsa, unda emlamaslikka majburmiz. Tez orada oʻsib ulgʻayasiz. Ona-Vatan uchun xizmat qilasiz. Mustaqil hayotga yoʻl olasiz. Bugun kimdir emlashdan qochsa, kelgusida Vataniga nomunosib farzand boʻlib yetishadi. Oʻgʻil bolalar uchun bu uyat!

Oraga uzoq vaqt jimlik choʻkdi. Men Otaturk portretiga tikilib turib, koʻzimga yosh qalqidi. Soʻng hech narsa boʻlmagandek sinf tomonga qarab keta boshladik. Emlangan bolalardan qay birlari qoʻllarini avaylagancha, qay birlari koʻzlari toʻla yosh bilan, xullas, barchasi aftlari ogʻriqdan zoʻriqib,sinf xonasiga kirib kela boshladilar.
— Kimning uyi yaqin boʻlsa, ruxsat, ketaveringlar, - dedi oʻqituvchimiz. – Uyidan kelib olib ketuvchilar oxirgi qoʻngʻiroqqacha oʻtiradilar. Bir-biringiz bilan urishmanglar, qoʻllaringizni ehtiyot qilinglar. Ertaga maktabga kelmanglar. Oʻqish boʻlmaydi.

Hamma oʻquvchilar sevinganlaridan qichqirib yuborishdi. Men qoʻlimga sumkamni oldim-da, koʻchaga chiqdim va yugura boshladim. Qorabata goʻsht doʻkonining oldida yuk turar, noʻxtalangan otlar yoʻlimni toʻsib qoʻyishgan. Men ularning yonidan sirgʻalib oʻtdim, koʻchani kesib oʻtdim-da, yoʻlakchamga tushib oldim. Tayyor kiyimlar sotiladigan Xayri doʻkoni, gul sotuvchi Solihning yonidan chopib oʻtdim. Eshikni uyimizning eshikboni Nozim afandi ochdi.
— Nega maktabdan barvaqt kelding? – deb soʻradi u.
— Bizni maktabni emlashgan edi, shuning uchun barvaqt qoʻyib yuborishdi, - javob berdim men.
— Akang qani? Bir oʻzing qaytib keldingmi?
— Ha, tramvay yoʻlidan oʻzim oʻtdim. Ertaga oʻqishga bormas ekanmiz.
— Oying uyda emas ,shekilli, - dedi u. – Buvingni yoniga chiqaqol.
-Uyimga boraman, - dedim men. – Mazam yoʻqroq. Iltimos, eshikni ochib bersangiz.

U devordan kalitni oldi va biz liftga chiqdik. Liftning ichi tutunga toʻlib ketibdi, koʻzim yoshlandi. Nozim afandi eshigimizni ochib berdi.
— Ehtiyot boʻl, elektr anjomlarini oʻynama tagʻin, - eshikni bekitarkan, tashqariga chiqib ketdi.

Uyda hech kim yoʻqligini bilib tursam-da, bor ovozim bilan:
— Uyda kim bor? - deb qichqirdim.

Men sumkamni qoʻyib, akamning javonini ochdim-da, kino biletlari yigʻilgan kollektsiyasini tomosha qila boshladim. Bularni u menga koʻrsatmasdi-da. Futbol oʻyinlari bosilgan gazetalardan yigʻib olib, daftariga yopishtirgan suratlarni tomosha qilishga berilib ketganimdan eshikka kalit solib ochayotganlarini payqamabman ham. Qoʻrqqanimdan qotib qoldim. Uyga kirib kelayotgan kimsaning qadam tovushidan onam emas, otam ekanligini payqadim. Men ehtiyotlik bilan chipta va daftarni akamning javoniga solib qoʻydim. Otam yotoqxonaga kirib, shkaf eshigini ochib, uni koʻzdan kechirdi.
— Shu yerdamisan? - dedi u.
— Yoʻq, Parijdaman, - dedim men maktabda bolalar beradigan javoblarga taqlid qilib. – Bugun sinfimizdagilarni emlashdi.
— Akang koʻrinmaydimi? – soʻradi u. Yaxshisi, xonangga bor-da, toʻpalon qilmay oʻtir.

Men xonamga kirib, peshonamni deraza oynasiga tiragancha, tashqarini kuzata boshladim. Taraqlagan ovozdan otam shkafdan jamadonini olayotganini sezdim. Biroz vaqt oʻtib, u shkafdagi shim, sviter, ichki kiyimlari, koʻylak, paypoqlarini olayotganini payqadim. Ularni jamadonga solayotgan edi. Yuvinish xonasiga kirib chiqdi-da, soʻng jamadonini sharaqlatib qulfladi.

- Bu yerda nima qilayapsan?

— Derazadan tashqariga qarayapman.
— Qani, yonimga kel-chi.

Otam yelkamdan quchdi, shu kuyi uzoq vaqt derazadan tashqariga qarab turdik.Qarshimizdagi uy oʻrtasidagi baland boʻyli sarv daraxti uchlari shamolda ogʻir chayqalishardi. Men otamning qadrdon va aziz hidini tuydim.
— Men uzoqqa ketayapman, - dedi u meni oʻpib qoʻyarkan. – Onangga hech narsa dema. Keyin oʻzim aytaman.
— Samolyotda uchib ketasizmi?
— Ha, - deb javob berdi u. – Parijga uchaman. Hech kimga hech narsa dema.

Otam choʻntagidan katta tanga pul oldi-da, menga berdi.
— Hech kimga hech nima dema, - dedi u betimdan oʻpib qoʻyarkan. – Meni bu yerda koʻrganingni ham hech kimga aytma.

Pulni darhol choʻntagimga solib qoʻydim. Otam meni quchogʻidan chiqarib, jamadonini koʻtarib oldi.
— Otajon, ketmang, - yalindim men. U men yana quchib oʻpdi-da, chiqib ketdi.

Men deraza yoniga borib, uning ortidan qarab qoldim. Otam Olovuddin doʻkoni tomon yoʻl oldi, yoʻlda kelayotgan taksini toʻxtatdi. Taksiga oʻtirishdan avval uyimiz tomon oʻgirilib qaradi-da, menga qoʻlini silkidi. Men ham qoʻl silkitib qoʻydim. Otam mashinaga oʻtirdi, yoʻlga tushdi.

Men otamning ortidan uzoq qarab qoldim. Bu orada bir tramvay, soʻng ot tortib kelayotgan suv aravasi oʻtdi.

Nozim afandini chaqirdim.

Uyga kirib kelarkan:
— Sen qoʻngʻiroq qildingmi? Qoʻngʻiroqni oʻynama degandim-ku. – dedi u.
— Manavi ikki liraga, - dedim unga. – Olovuddin doʻkoniga borib, menga «Mashhurlar» saqichidan olib kelib bering. Qaytimini qaytarib berarsiz.
-Pulni otang berdimi? – soʻradi u. - Qara, yana onang xafa boʻlib yurmasin.

Men unga lom-lim demadim, u ketdi. Men uning ortidan kuzatib, Olovuddin doʻkoniga kirishini tomosha qilib turdim. Oradan biroz vaqt oʻtgach, u doʻkondan chiqib keldi. Qarshimizdagi uydan chiqib kelgan oʻsha uyning eshikboni bilan uchrashib qoldi va ikkalasi gaplasha ketdi.

Yonimga kelib, aytgan narsam bilan qaytimni qoʻlimga tutqazdi. Men shoshilmasdan saqichning oʻramini ocha boshldaim. Yana marshal Fevzi Chakmakdan uchta xatchoʻp, bitta – Otaturk, Lindberg – bunaqasi menda yoʻq edi. Leonardo da Vinchi, Qonun sulton Sulaymon, Cherchell, general Franko va akamda boʻlmagan 21 –raqamli Greta Garbo tasviri tushirilgan bitta xatchoʻp. Shunday qilib, menda 183 ta xatchoʻp bor, futbol toʻpiga ega boʻlishim uchun yana 27 ta turli xatchoʻplar zarur.

Men birinchi boʻlib Atlantika boʻylab samolyoti bilan uchib oʻtgan Lindberg tasviri tushirilgan xatchoʻpni tomosha qilib oʻtirardim. Kalit tovushi eshitildi va eshik ochildi. Onam! Men tezda polda sochilib yotgan narsalarni yigʻdim-da, ularni axlat qutisiga tashlab yubordim.
— Emlashgan edi, shuning uchun uyga barvaqt keldim, - dedim onamga. – Har xil kasalliklarga chalinmasliklarim uchun emlashdi.
-Akang qaerda?
— Ularning sinfini hali emlashmadi,- javob berdim onamga.- Bizning sinfimizdagilarga javob berib yuborishdi. Yoʻldan oʻzim oʻtib keldim.
— Hech qaering ogʻrimyaptimi?

Indamadim. Oradan biroz daqiqalar oʻtgach, akam kirib keldi. Uning qoʻli ogʻriyotgan edi. U karavotga yotdi, oʻng qoʻlini avaylab, uyquga ketdi. Akam uygʻonganida atrofga qorongʻulik oʻz chodirini yopgan edi.
— Oyi, judayam ogʻriyapti,- dedi u.
— Kechga borib, issigʻing ham chiqishi mumkin, - dedi onam boshqa xonada oqliqlarni dazmollarkan. – Ali, sening ham qoʻling ogʻriyaptimi? Qimirlamay jim yotinglar.

Biz onamning aytganini qilib, jim yotdik. Akam biroz mizgʻib olgach, sport haqidagi gazetani oʻqiy boshladi. Soʻng ikkinchi taymda qolmay, toʻrtta gol urilganini koʻrolmay qolganimizga men aybdor ekanligimni aytdi.
— Nima maydondan biz ketmaganimizda bu gollar darvozaga urilmagan boʻlarmidi? – boʻsh kelmadim men.
— Nima ?! – oʻshqirdi akam.

Akam yana uxlab qoldi. Uyqudan uygʻonib, oltita Fevzi Chakmak suratiga toʻrtta Otaturk va uchta Greta Garbo tasvirini almashtirib berishimni soʻradi. Men rozi boʻlmadim.
-«Toq va juft» oʻyinini oʻynaymizmi? – dedi akam.
— Oʻynasak, oʻynayveramiz!

Bu oʻyinda kaftlaringga «Mashhurlar» seriyasidagi xatchoʻplarni terib qoʻyasan. Ustimi-osti deb soʻraysan. U osti desa, sen pastdagi xatchoʻpni sugʻurasan. Unga qaraysan, raqamini koʻrasan. Masalan, №78, Rita Hayvort. Ustidagi xatchoʻp esa - №18. Dante. Shunda pastdagi xatchoʻplar qoʻlingdan chiqib ketadi, sen oʻzingda koʻp boʻlgan xatchoʻplardan birini sherigingga berasan. Kechgacha Fevzi Chakmak xatchoʻpi men bilan akam oʻrtasida rosa yugurdi.

Kechki ovqat paytida onam:
— Biringiz otangiz kelganmi-yoʻqmi bilish uchun yuqoridan xabar olinglar-chi, - dedi.

Aka-uka yuqoriga koʻtarildik. Buvim bilan buvam hordiq chiqarishmoqda edi, otam koʻrinmasdi. Biz radiodan yangiliklarni eshitib, gazetada yoritilgan sport sahifasini oʻqidik. Buvim bilan buvam kechki ovqat tanavvul qilishayotganda biz pastga tushdik.
-Qayoqqa yoʻqoldilaring? – soʻradi onam. – Harqalay, yeu yerda ovqatlanmagandirsizlar? Hozir shoʻrva suzib beraman. Otangiz qaytguncha bemalol ovqatlanib olinglar.
— Issiq non bormi? – deb soʻradi akam.

Onam biz jimgina ovqat yeyishimizga qarab turardi. Boshini tutib turishi, ma’yus koʻzlarida lift yurmayotganmikan degan ma’no sezilib turardi. Biz ovqatlanib boʻlgach: onam: «Yana suzib beraymi? – deb idish ichiga qarab qoʻydi.
— Ovqat sovumasdan ichib olsammikan, - dedi u oʻylanqirab. Oʻrnidan turdi-da, Nishontoshi maydoniga qarayotgandek derazadan tashqariga uzoq tikildi. Ancha paytgacha indamay pastga qarab turdi. Ortga oʻgirilib, oʻziga ham shoʻrvadan suzib ichdi. Biz aka-uka kechagi futbol oʻyinini muhokama qila ketdik.
— Sekin, - dedi onam.- Liftning ovozimi eshitilayotgan?

Biz bahsdan toʻxtab, diqqat bilan quloq tutdik. Bu liftning ovozi emas edi. Jimlikni tramvayning shovqini, stol va uning ustidagi suv toʻla grafinning shaqirlagan ovozi buzdi. Biz apelsinni yeb boʻlgan ham edikki, liftning ovozi eshitildi. Ovoz tobora yaqinlashib kelardi. Lift bizning qavatda toʻxtamay, buvimlar tomon yuqorilab ketdi.
-Yuqoriga chiqib ketdi, - dedi onam.

Ovqatdan soʻng, onam:
— Likoplaringizni oshxonaga olib borib qoʻyinglar Otangizniki joyida qolsin.

Biz stol ustini yigʻishtirib oldik. Otamiz uchun qoʻyilgan likop uzoq vaqt stol ustida turib qoldi.

Onam politsiya idorasi koʻrinib turadigan deraza yonida ancha turib qoldi. Soʻng qandaydir fikr boshiga kelib urilgandek otamga qoʻyilgan likop, qoshiq va sanchqilarni olib, oshxonaga yoʻl oldi. Yuvuqsiz idishlarni yuvmasdan ham:
— Buvimizning oldiga chiqaman, - dedi u. – Urishmay oʻtiringlar.

Men akam bilan «toq va juft» oʻyinini oʻynab oʻtirardik.
— Juft, - dedim men.

Akam kaftidagi birinchi xatchoʻpni chiqardi-da, menga koʻrsatdi:

- Dunyodagi eng mashhur kurashchi – Ulkan Yusuf., № 34. – pastdagisiga qaradi. – Otaturk, № 50. Sen yutqazding, - dedi u. – Menga yana bitta xatchoʻp ber.

Uzoq davom etgan oʻyinda faqat akam yutdi.

-Men boshqa oʻynamayman, - dedim men jahlim chiqib. – Men onamning yoniga chiqaman.

-Onamning jahli chiqadi.
— Uyda bir oʻzing qolishga qoʻrqayapsanmi, qoʻrqoq.

Buvimning uyi har doimgidek ochiq ekan. Ular ovqatlanib boʻlishgan, Bakir oshpaz idish-tovoqlarni yuvmoqda edi. Buvim bilan buvam bir-birlariga roʻbaroʻ oʻtirishardi. Onam esa Nishontoshi maydoni koʻrinib turadigan deraza yonida turardi.
— Bu yoqqa kel, - dedi onam oynadan boshini olmay. Men shu ondayoq oyna bilan onam oʻrtasiga turib, onamni quchoqlab oldim. Biz ikkovlon Nishontoshi maydoniga diqqat bilan qaray boshladik. Onam qoʻlini boshimga qoʻyib, uzoq vaqt sochlarimni siladi.
— Otang choshgohda uyga kelibdi, sen uni koʻribsan, - shivirladi u.
— Ha, - dedim men.
— U kelib, jamodonini olib ketibdi. Nozim afandi aytdi.
— Ha.
— Qaerga ketayotganini senga aytdimi?
— Yoʻq, - javob berdim men. – U menga ikki yarim lira berdi.

Tun. Atrofga qorongʻulik yoyildi, doʻkonlar qorayib koʻrinar, mashinalar faralarini yoqqancha harakatlanardi.Atrofga horgʻinlik choʻkkandi: koʻcha oʻrtasida yoʻl nozirining joyi boʻm-boʻsh, hiyobondagi toshlar, e’lonlar harflari ham hoʻllangan edi. Yomgʻir yogʻa boshladi. Onam hamon sochimni silardi.

Buvim bilan buvam oʻrtasidagi doimo shangʻillab turadigan radio hozir qoʻrqqandek miq etmay turardi.

-Qizim, u yerda turma, - dedi buvim onamga. – kelinglar, bu yoqqa oʻtiringlar.

Shu tobda akam ham bizning yonimizga chiqib keldi.
— Oshxonaga kiringlar, - dedi buvim bizga. – Bakir, - chaqirdi u oshpazni .- Ularga koptok yasab ber, dahlizda oʻynashadi.

Bakir idish-tovoqlarni yuvib boʻlgan edi.
— Bu yoqqa kelinglar, - deb chaqirdi u bizlarni va buvimning balkonidan gazeta oʻramlarini olib kelib, bizga qogʻozdan koptok yasay boshladi. Koptok uning mushtumidek boʻlgach, Bakir:
— Boʻldimi? – deb soʻradi bizdan.
-Sal kattaroq qiling, - iltimos qildi akam.

Bakir gazeta oʻramlaridan koptok yasaguniga qadar eshik qiya ochiq edi.

Eshik oraligʻidan buvim bilan buvamning qarshisida oʻtirgan onamga qaradim. Bakir qutidan bogʻich olib, gazetadan yasalgan koptokni chandib, oʻradi. U koptok atrofini latta bilan oʻrab, buklanmay qolgan yerlarini qoʻli bilan ezgʻilab toʻgʻriladi. Akamning sabri chidamay, koptokka qoʻlini tekkizib koʻrardi.
— Buni qaranglar-a, - dedi u. – toshdek boʻpti-ku.
-Qani, tepib koʻr-chi, -dedi Bakir.

Akam ehtiyotkorlik bilan koʻrsatilgan joyga tepib koʻrdi. Bakir chilvir bilan koptokni yana mahkamroq chandidi, soʻng bizga berdi. Biz koptokni urib koʻrib, uni osmonga ota boshladik.
— Dahlizga chiqib oʻynanglar, - dedi Bakir. – Oshxonada oʻynasanglar, u – bu narsani sindirib qoʻyishinglar mumkin.

Men oʻzimni «Fonarbogʻcha»dagi Lefterdek tasavvur qildim va oʻyinga berilib ketdim. Eshikka gol uraman, deb bir necha marta akamning ogʻrib turgan qoʻliga tekkizib yubordim. U ham meni tepib oʻtdi, ammo buni men sezmadim. Biz terga botib ketdik, toʻp mayda-mayda boʻlib ketdi. Men 5:3 hisobida yutayotgan edim. Yana akamning ogʻriyotgan qoʻliga urinib ketdim. U polga yotib oldi-da, yigʻlay boshladi.
— Ogʻrigʻim oʻtsin, seni oʻldiraman, - dedi u menga poʻpisa qilib.

U yutqazib qoʻyganidan alamzada edi. Men dahlizdan mehmonxonaga oʻtdim, buvim, onam va amakim kabinetga kirishdi. Buvim telefon raqamlarini aylantira boshladi.
— Allo, allo, - dedi u onalarcha erkalovchi ohangda. – Allo, bu «Yeshilkoy» aeroportimi? Azizam, biz samolyotda Yevropaga uchib ketgan bir yoʻlovchi haqida soʻramoqchi edik. – U otamning ismi-sharifini aytdi. Bir pas kutib turdi. Qoʻli bilan telefon shnurini aylantirib turardi. – Menga sigareta olib kel, - dedi u amakimga. – Amakim chiqib ketgandan soʻng trubkani qulogʻidan oldi. - Qizginam, ayt-chi, - u onamga oʻgirildi. – Uning hayotida biron-bir ayol bormidi? Biron narsa bilasizmi?

Onam nima deb javob berganini eshitolmadim. Buvim unga shunday tikildiki, goʻyo onam hech narsa demadi, buvim hech narsani eshitmadi. Keyin telefonda nimadir deyishdi. Buvimning jahli chiqdi.
-Bunday ma’lumotni berishmaskan,- dedi u qoʻlida sigareta va kuldon bilan buvimga yaqinlashayotgan amakimga.

Shu yerda amakim men ham borligimni koʻrib qoldi, onam uning qarashini tushunib, meni dahlizga olib chiqdi. Meni terlab ketganimni bildi, ammo achchigʻi kelmadi.
-Oyi, qoʻlim ogʻriyapti, - dedi akam.
— Hozir pastga tushuamiz, men sizlarni oʻrinlaringizga joylayman.

Pastda, biz yashayotgan qavatda uchalamiz uzoq vaqt sukut saqlab oʻtirdik. Oʻringa yotish oldidan men tungi kiyimda oshxonaga kirib, stakanga suv solib, mehmonxonaga oʻtdim. Onam deraza yonida chekib turardi.
-Yalangoyoq yurma, sovqotasan, - dedi onam meni koʻrib: - - Akang yotdimi?
-Uxladi, oyi, meni sizga aytadigan gapim bor.

Onam ozgina surildi, onam bilan deraza oraligʻigaga kirib oldim.

-Otam Parijga ketdi, dedim men. – Bilasizmi, u qaysi jamadonni oldi?

Onam indamadi. Biz tungi sukunat ichida yomgʻirli koʻchani uzoq kuzatdik.

3

Onam tomonidan buvimning uyi Shishli machitining roʻparasida joylashgan. Bu – tramvay deposi oldidagi soʻnggi bekat edi. Hozir bu yerdagi maydonda avtobus bekatlari, katta –katta e’lonlar bilan toʻlib-toshgan doʻkonlar koʻpayib ketgan. Uning atrofida bahaybat ofis binolari koʻtarilib kelmoqda, ularda juda koʻplab odamlar ishlaydi. Har kuni tushlik paytida ular yoʻlaklarga toʻkiladilar-da, chumolilarday u yoqdan-bu yoqqa yugurishadi. Bu – Istanbulning gʻarbiy qismida joylashgan chekka joylardan biri edi. Biz sarv va tut daraxtlari ostidan har gal oʻtar ekanmiz, onamning qoʻlidan ushlab olib, keng, sokin, qumqayroqli maydon bilan qoplangan, uyimizdan piyoda yurilganda oʻn besh daqiqalik joyda oʻzimizni xuddi shahar chekkasida yurganday his etardik.

Buvim uyning toʻrtinchi qavatida yashardi. Uy beton va toshdan qurilgan, vertikal terilgan yupqa gugurt qutisini eslatardi. Uyning bir fasadi gʻarbiy, ya’ni shahar tomonga, ikkinchisi – sharqiy , ya’ni qirlarga, tutzorlarga tutash. Buvim eri oʻlib, qizlarini turmushga bergandan soʻng bu uyning bir xonasida yashay boshladi. Bu xona shkaflar, stollar, stullar va pianino bilan toʻldirib tashlangan edi. Unga ovqatni katta qizi pishirib berar, oʻzi olib kelar yoki haydovchidan berib yuborar edi. Buvim uyidan oshxonaga ham tushmas, oʻziga ovqat tayyorlamas, boshqa xonalarga kirmas, ularda yillar mobaynida yigʻilib borayotgan poʻpanaklar, islarni tozalamas, ular borgan sari toʻlishib borardi. Onasidan unga «yolgʻizlik deb ataluvchi sirli kasallik yuqqan, na xizmatkor, na xodimani ishga olardi.

Biz buvimning uyiga kelganda onam uzoq vaqt qoʻngʻiroqni bosdi, mushtlari bilan temir eshikni taqillatdi. Buvim Shishli machitiga olib chiqadigan ikkinchi qavatdagi derazadagi temir, zanglagan darpardalarni ochib, bizni balanddan pastga qarab koʻrdi, bizdan ovoz chiqarib chaqirishimizni soʻradi.Qoʻl silkidi, koʻzlariga ishonmadi, shekilli.
— Eshik oldidan nari turinglar, buvilaring sizlarni koʻrsin, - dedi oyim. Biz yoʻlakning oʻrtasiga borib turdik. Onam unga qoʻlini silkitdi va qichqirdi:
— Oyijon, men bolalarim bilan keldim, bizni eshitayapsizmi?

Shunda buvimning yuzida shirin tabassum paydo boʻldi. U bizni koʻrganini, bilganini tushundik. Buvim tezlik bilan deraza yonidan oʻzini ichkariga urdi, yostigʻining tagidan katta kalitini oldi, uni gazetaning bir boʻlagiga oʻradi-da, yoʻlakka tashladi. Biz akam bilan kim oʻzarga chopib, kalitga tashlandik. Akam ogʻrigan qoʻli bilan kalit orqasidan yugurolmasdi, men kalitni oldim-da, onamga berdim. U qiyinchilik bilan kalitni qulfga solib, aylantirdi. Temir eshik gʻiyqillab ochildi. Qorongʻulikda bizga islar, poʻpanaklar, diqqinafaslik, faqirlik, keksalikning ogʻir nafasi urildi. Men bunday hidni boshqa hech joyda uchratmadim. Eshik yonidagi kiyim ilgichda bobomning moʻynali paltosi, bosh kiyimi osilib turar, pastda hamisha meni qoʻrqitib turadigan etiklari koʻrinardi. Buvim bularning hammasini, uyga oʻgʻrilar kirib kelsa, uyda erkak kishi bor ,deb oʻylasin uchun qoʻygan edi.

Biz yogʻoch zinaning tepasida turgan buvimni koʻrdik. U qorongʻulikda xuddi sharpaday qimirlamay turar, qoʻlida hassa, xira yorugʻlikda oyna koʻrinib turardi.

Gʻirchillagan har bir zinani bosib oʻtarkanmiz, onam buvim bilan gaplashishmadi, odatda, onam doim undan soʻrardi:
-Nechuksiz, oyijon? Sizni sogʻindim, oyijon. Tashqari juda sovuq, oyijon.

Zinapoyaning yuqorisiga chiqib, onam buvimning yuzi va qoʻlidagi katta xollariga qaramay, qoʻlini oʻpdi. Biz uning bitta tishli ogʻziga yana qoʻrqib qaradik, oqarib, siyraklashib, toʻzib ketgan sochlariga tikildik. Xonaga kirib, onamning ikki tomoniga oʻtirib oldik. Buvimning egnida uzun tungi koʻylak va uzun sherstdan tikilgan nimcha bor edi.U shu kiyimda kun boʻyi yurar, uxlardi. Buvim bizga jilmayib qaradi va koʻzlarida ayyorona kulgu oʻynadi: «Qani, meni xursand qilinglar-chi!»
— Pechkangiz yomon isitarkan, - dedi onam. U qoʻliga temir tayoqni olib, pechka ichidagi oʻtinlarni kovladi.

Buvim bir pas kutib turdi.
— Qoʻy, pechkani. Yaxshisi, men bilan gaplashib oʻtir. Olamda nima gaplar?
— Hech gap yoʻq, - dedi onam yonimizga oʻrnashib.
— Hech gap yoʻqmi?
— Mutloqo, oyijon.

Qisqa sukutdan soʻng buvim soʻradi.
— Hech kim bilan uchrashmading, gaplashmading hammi?
— Bularni bilasiz, oyijon., - dedi onam.
— Xudo haqqi, nahotki biron-bir yangilik boʻlmasa?

Oʻrtaga jimlik choʻkdi.
— Buvijon, bizni emlashdi, - dedim men.
— Shunaqami?! – hayratlandi buvim katta – katta moviy koʻzlarini ochib-ochib. – Ogʻridimi?
— Mening qoʻlim ogʻriyapti, - dedi akam.
— -O- o- o! – hamdardlik bildirdi buvim.

Yana oʻrtaga uzoq sukunat choʻkdi. Biz akam bilan deraz yoniga keldik va olis-olislardagi qirlarga qaradik, tomorqalar ortidagi eski boʻsh-boʻsh tovuqxonalarni kuzatdik.
— Demak, hech qanday yangilik yoʻq degin-a? – dedi buvim onamga yalingansimon ohangda. - Qaynonangnikiga chiqib turarsan. Unikiga ham hech kim kelmayotgan ekanmi? –
— Kecha peshinda Dilrabo xonim keldi, - dedi onam. U ancha vaqt suhbatlashib oʻtirdi.

Oʻylaganimizdek buvim hayajonlanib, hayqirib yubordi:
— U saroyda yashagan, axir!

Albatta, buvim bezaklari, ranglari oʻchib ketgan Botu qasrini nazarda tutayotganligini bilardik. Bu Doʻlmabogʻcha saroyi haqida gazeta va jurnallarda koʻp oʻqiganman. Buvimning Dilrabo xonimga gʻashi kelayotgani yoʻq edi.Bu xonim yosh paytida soʻnggi podsho haramida asira boʻlgan, keyinroq bir savdogarga turmushga chiqqan. Hamma gap - buvim uni doʻstlashishga, bilishga arziymaydigan odam deb hisoblardi, xolos.Mana shu narsa uni gʻashini keltirardi. Men buni koʻp yillar oʻtib tushundim. Ular gapni boshqa tomonga burishdi, onam bu mavzuda buvim bilan har gal bahslashardi. Buvim haftada bir marta eng qimmat va mashhur Abdulloh afandining restoraniga borar, u yerda bir oʻzi ovqatlanar, ancha paytgacha taomlarining yaxshi emasligidan nolib yurardi. Uchinchi oʻzgarmas mavzu kutilmaganda savoldan ochildi:
-Bolalar, buvingiz sizlarga yashil koʻkatlardan beradimi?

Biz onam oʻrgatganday bir ovozdan dedik:
— Yoʻq.

Buvim kunlardan bir kun qaysidir tomorqada yam - yashil koʻkat maysasi ustiga «oʻtirib qoʻygan» mushukni koʻrib qoladi. Endi bu koʻkatni kimdir oladi, qaysidir restoranda taomga qoʻshiladi, qaysidir odam uni tanavvul qiladi-ku, deb yana eski hikoyasini aytadan boshidan boshladi.
— Oyijon, - dedi onam,- bolalar zerikishdi, ular boshqa xonalarni ham koʻrishmoqchi. Men roʻparadagi xona eshigini ochib beraman.

Oʻgʻrilar derazalardan kirib, oʻgʻrilik qilmasinlar, deb buvim har bir xonasini qulflab qoʻyardi. Onam bizga katta va sovuq xonani ochib berdi. Derazasi tramvay yoʻliga qaragan bu xonada onam ham bir muddat biz bilan qoldi. Xonadagi oromkursilar va divanlarga qaradi. Ular oppoq yopinchiqlar bilan oʻralgan edi. Onam zanglab borayotgan, chang bosgan chiroqlarga, stol va sandiqlarga, gazetalar oʻramiga, ayollar velosipedining devorga tiralib qoʻyilgan ruliga qaradi. Biroq u har doimgiday sandiqning oldiga yugurib bormadi, u yerdan kiyimlarni olib, chiqarib, bizga hayajonlanib koʻrsatib oʻtirmadi:
— Bolalar, qaranglar, oyingiz bolalikda kiygan kiyimlar! Xolangizni maktab fartugʻini koʻrishni istaysizmi? Onangizning bolalikdagi papkasini-chi?
— Sovqotsangiz, keling, - dedi onam va chiqib ketdi.

Biz akam bilan deraza yoniga yugurib bordik va uy roʻparasidagi machit, maydondagi tramvay bekatini kuzatdik. Keyin biz gazetalarni titkilab, boʻlib oʻtgan futbol matchlari haqida oʻqidik.
— Men zerikdim, - dedim men. –Toq-juft oʻynaymizmi?
— Yiqilgan kurashga toʻymas, dedi akam gazetadan bosh koʻtarmay. - Men hozir bandman.

Kecha qechqurun va tushlikdan ham oʻynagan edik, omad faqat akamga kulib boqdi.
— Bir martagina oʻynay qolaylik!
— Bitta shartim bor. Agar yana yutsam, menga ikkita xatchoʻp berasan, agar sen yutsang, bitta olasan.
— Yoʻq.
-Unda oʻynamayman, koʻrayapsan-ku, gazeta oʻqiyapman.

U gazetani bir pas biz yaqindagina kinoteatrda koʻrgan ingliz dedektiv filmidagi Melekka taqlid qilib, oʻqiyotganday ushlab turdi. Men oynadan tashqarini biroz tomosha qildim-da, akamning shartini qabul qildim. Choʻntagimdan bir siqim «Mashhurlar» dastasini chiqardim. Oʻynay boshladik. Avvaliga men yutdim. Keyin bir birvarakayiga oʻn yettita xatchoʻpimni yutqazdim.
— Men faqat yutqazayapman, - dedim men. – Agar biz eski qoidalar bilan oʻynamasak, biz boshqa oʻynamayman.
— Yaxshi , - dedi akam hamon oʻsha filmdagi dedektivga taqlidona. – Unda men gazetamni oʻqiyman.

Men deraza ortidagi manzarani yana bir oz tomosha qildim. Diqqat bilan qoʻlimda qolgan xatchoʻplarni sanadim – 121 ta. Kechagina, otam ketayotganda ular 183 ta edi! Men kayfiyatimni buzgim kelmadi va akamning shartini qabul qildim.

Boshida men yutdim, keyin akam yuta boshladi. Akam yutib olgan xatchoʻplarini oʻzinikiga qoʻshib qoʻydi. U mening achchigʻimni keltirmaslik uchun boshqa kulmadi.
— Agar istasang, boshqacha yoʻllar bilan ham oʻynab koʻramiz, - dedi u . – Kim yutsa, bitta xatchoʻp oladi. Men yutsam, sendagi xatchoʻplarni tanlab olaman. Menda ba’zi bir xatchoʻplar yoʻq, sen ularni menga hecham bermagansan.

Men rozi boʻldim. Men ketma-ket uch marta yutqazdim, oqibatda, ikkita Greta Garbo, №21, va qirol Farruxlardan biri, №78 akamning qoʻliga oʻtdi, bulardan unda unda yoʻq edi.

Men barisini bir partiyadayoq yutib olishga qaror qildim. Oʻyin boshlandi, natijada qoʻlimdan Eynshteyn, №63, Mavlono, №3, Sarkis Nazaryan, №100, «Mambo» konditer fabrikasining asoschisi, Klepatra, №53 – lar qoʻlimdan ketdi. Ulardan bir nusxadan bor edi, akamda esa yoʻq edi.

Boʻgʻzimga yosh tiqildi. Yigʻlab yuborishdan qoʻrqib, deraza yoniga chopib bordim-da, koʻchani tomosha qila boshladim. Besh daqiqa oldin hammasi ajoyib edi: bekatga yaqinlashib kelayotgan tramvay, barglari toʻkilayotgan daraxtlar ortidan koʻrinib turgan uylar, koʻchaning bir chetida yotib olib, qashlanayotgan it - qanday yaxshi koʻrinayotgan edi! Agar Vaqt toʻxtab, ot poygalaridagi kabi biz besh kvadrat ortga surilganimizda edi! Men oʻshanda hecham akam bilan toq-juft oʻynamagan boʻlar edim!
— Yana oʻynaymizmi? – soʻradim akamdan peshonamni oynaga tiragancha.
— Yoʻq, men boshqa oʻynamayman, sen yigʻlab yuborasan.
— Men yigʻlamayman, Jevat, qasam ichaman, - dedim unga qattiq tovushda va yaqinlashdim. – Faqat avvalgi qoidalar bilan oʻynayman.
— Men gazeta oʻqimoqchiman.
— Yaxshi, - dedim men. – Ketayotib, kamayib qolgan xatchoʻplarni aralashtirib tashladim. – Faqat mening qoidalarim boʻyicha ayt-chi, toqmi-juft?
— Faqat, yigʻlama.Yaxshi, juft.

Men yutdim, u menga Fevzi Chakmak tasviri tushirilgan xatchoʻpni tutqazdi. Men olmadim.
— Iltimos, menga qirol Farrux, № 78 ni qaytarib ber.
— Yoʻq, - dedi u. – Biz bunga kelishmaganmiz.

Biz yana ikki partiya oʻynadik, yana yutqazdim. Uchinchi partiyani oʻynamasam yaxshi boʻlarkan! Napoleon, № 49 ni berdim.
— Men boshqa oʻynamayman, - dedi akam.

Men oʻtinib soʻradim. Men yana ikki partiyani yutqazdim. U mendan xatchoʻplarni soʻragan edi, qoʻlimda borini berdim. Men Uist, № 28, Jyul Vern, № 82, Fotih Sulton Mexmet, №7, qirolicha Elizabetta, № 70, jurnalistlar – Jelyali Solihlar, № 41, Volterlar, № 42 – men bularning hammasini ikki yarim oy ichida toʻpladim. Ularning har biri haqida har kuni oʻyladim, ularni avayladim va shunday asradimki… Ular hozir havoda uchib yurar, xonada bitta boʻlib sochilib yotardi.

Butunlay boshqa joyda butunlay boshqacha hayot bilan yashaganimda edi! Buvimning xonasiga kirmay, gʻirchillagan zinapoyadan birma-bir pastga tusha boshladim . Shu payt negadir joniga qasd qilgan sugʻurtachi qarindoshimiz xayolimga keldi. Eng pastki zinaga tushib, butunlay qorongʻulikda qoldim. Orqaga qaytib, yuqoriga koʻtarildim va buvimning eshigi yonidagi zinaga oʻtirdim.
— Qaynonang hech narsa qilolmaydi, - dedi buvim.- Sen bolalarni ulgʻaytirib, uni kutasan endi.
— Yana bir marta iltimos qilib soʻrayman, oyi, men bolalarim bilan shu yerga qaytmoqchiman.
— Sen bu chang bosgan, sharpalar va oʻgʻrilar yuruvchi uyda ikkita bolang bilan yashay olmaysan, - dedi buvim.
— Oyi, opalarim turmushga chiqib, bu yerdan koʻchib ketishgandan soʻng otamning soʻnggi yillari uchalamiz qanday yaxshi yashadik!
— Goʻzalim Mebrura, sen oʻshanda kun boʻyi otangni eski «Illyustrason»iga tikilib oʻtirarding.
— Men pastdagi pechkani yoqaman. Uy ikki kunda isib ketadi.
— Oʻshanga turmushga chiqma, degandim senga, -dedi buvim.
— Yana bitta ayol boʻlsa, biz ikki kunning ichida hammayoqni chinniday qilib yuborardik, - dedi oyim.
— Bu uyga oʻgʻri xizmatkorni kiritmayman, -kesib tashladi buvim,- sen bu uydagi changlarni artib, tozalayman deguningcha yarim yil oʻtadi. Bu vaqt ichida sening betayin ering ham qaytib keladi.
— Bu oxirgi qaroringizmi, ona? – soʻradi oyim.
— Mebrura, bebaho qizginam, ikkita bolang bilan bu yerga koʻchib kelsang, qanday yashaymiz?
— Oyijon, Bebekdagi uyimiz, hovlimizni sotaylik, deb necha marta aytdim sizga.
— Men bunday qogʻozlarga imzo chekkim ham, kadastr idorasidagi iflos oʻgʻrilar bilan yuzma-yuz kelgim ham kelmaydi, istamayman!
— Oyijon, unday demang. Biz opam bilan birga notariusni eshigingiz oldiga olib keldik-ku, - dedi oyim ovozini pasaytirib.
— Men bu notariusga ishongim kelmadi, ishonmayman, - dedi buvim.- Uning yuzidan firibgarligi koʻrinib turibdi. Balkim u umuman notarius emasdir. Men bilan bunday ohangda gaplashma!
— Yaxshi, oyi. Boshqa bunday qilmayman, - dedi oyim.Keyin bizni chaqirdi.:- Bolalar, bolalar! Boʻlinglar, ketamiz.
— Toʻxta! Qayoqqa ?! – soʻradi buvim. – Biz yaxshilab gaplashib ham olmadik.
— Siz bizni kelishimizni istamaysiz, oyi, - dedi onam shivirlagancha.
— Buni ol. Bolalaringga rohat – mukumli ol.
— Ular tushlikkacha shirinlik yeyishmaydi, - dedi onam va bizga ochib bergan xonaga kirdi. – Bu xatchoʻplarni kim sochib yubordi? Tezda terib olinglar-chi. Sen unga yordam ber, - dedi onam akamga.

Biz indamay xatchoʻplarni terib oldik. Onam eski yashiklarni ochdi, bolalar kiyimi , ipak parda, qogʻoz qutilarga qaradi. Tikuv mashinasining ostidan koʻtarilgan chang tomogʻimga tiqildi, koʻzimga yosh toʻldi, burnim qichishdi.
— Mebrura, qizginam, mana bu choynakni ol, uni yaxshi koʻrasan, axir. U – seniki. Bobom uni onam uchun Shishli gubernatori boʻlgan paytda Xitoydan keltirgan! Ol, iltimos.
— Men boshqa sizdan hech narsa olishni istamayman.Choynakni esa shkafga solib qoʻying, sindirib qoʻyasiz, axir. Bolalar, buvingizni qoʻlini oʻping.
— Mebrura, qizginam, bechora onangdan achchiqlanma, - dedi buvim bizga qoʻlini uzatarkan. – Nima boʻlishidan qat’i nazar, meni qarovsiz qoldirma, kelib tur.

Biz zinapoyadan tez tushdik, temir eshikni yopdik, tashqariga chiqdik va quyoshning nurlariga urildik, toʻyib - toʻyib toza havodan nafas oldik.
— Eshikni yaxshilab yoping! – balandda turib qichqirdi buvim. – Mebrura, kelgusi haftada ham kel, maylimi?

Onam qoʻlimizdan ushladi va biz yoʻlga tushdik. Biz yoʻtala-yoʻtala tramvayni kutayotgan odamlar bilan birga tramvayni kutdik. Tramvay toʻxtagan zahoti akam bilan kelishganimizday tramvay haydovchisi koʻrinib turadigan oldingi oʻrindiqqa oʻtirib oldik va juft-toq oʻyinini boshlab yubordik. Men quvonganimdan yutuqlarni balandlatdim va shu yerning oʻzida yana yutqazib qoʻydim. «Usmonbey» bekatida akam taklif qildi:
— Oʻn beshta xatchoʻpingni istagingga koʻra almashtiraman.

Men yana oʻynay boshladim. Men oʻzimda yashirib qoʻygan ikkita xatchoʻpimdan boshqa hammasini yutqazdim. Onamning oldiga kelib oʻtirdim. Yigʻlamadim. Onam kabi derazadan lipillab oʻtayotgan gʻaroyib magazinlar, hech vaqosi qolmagan doʻkonlar, nonvoyxona, guruch unidan kisel tayyorlaydigan sotuvchilar chodirlari, biz tez- tez tushib turadigan « Tan» kinoteatri, devorga suyanib turgan bolalar va arzon garovga sotiladigan romanlar sotuvchilari, men doim qoʻrqib qaraydigan qoʻlida bor qaychisi sartaroshlar, shu sartaroshlar yonida izgʻib yuruvchi mahalla devonalarini, bundaylar har bir kvartalda uchraydi – tomosha qilib ketardim. «Harbiylar» bekatida tramvaydan tushdik. Akam juda xursand edi va bu meni aqldan ozdirardi. Men choʻntagimdan Lindberg tasviri tushirilgan xatchoʻplarni chiqardim. U bunday xatchoʻpni birinchi marta koʻrib turardi.
— №91, Lindberg, - hayratlanib oʻqidi. – Samolyotda Altantikani kesib uchib oʻtgan. Qaerdan olding?
— Kecha meni emlashmadi, - dedim men. – Men uyga erta qaytdim va otamni ketish oldidan koʻrib qoldim. Otam sotib olib berdi menga.
— Unda yarmi menga, dedi u. – Shunga kelishganmiz. Oxirgi oʻyindagi xatchoʻplarning hammasi – meniki.

U qoʻlimdan xatchoʻplarni olishga urindi, ammo ololmadi. Shunda u mendan ularni kuch bilan olmoqchi boʻldi. Men uning oyoqlari ostidan egilib qoldim. Akam ikki qadam yurdi-da, yerga oʻtirib qoldi.
— Judayam ogʻriyapti, - dedi u oyogʻini ushlab.
— Tur, - shivirladi onam. – tezroq tur. Hamma bizga qarayapti.

Akam turdi va butun ogʻirligini bitta oyogʻiga solib, film qahramonlariday yura boshladi. Men bir tomondan, uning oyogʻi qattiq ogʻriyotganiga achinsam-da, ikkinchi tomondan, uning qiynalayotganini koʻrib, zavqlanardim. Biz bir muddat indamay ketdik, soʻng akam menga dedi:
— Men senga uyda koʻrsataman . – Keyin onamga dedi: - Oyi, Alini emlashmabdi!
— Yoʻq, bizni emlashdi, oyi!
— Jim! - qichqirib yubordi onam.

Biz uyga yaqinlashdik, faqat yoʻlni kesib oʻtish qoldi, xolos. Biz Machkadan kelayotgan tramvay oʻtib ketishini kutib turdik. Uning orqasidan yuk mashinasi, keyin tutuni burqsib, Beshiktoshdan keladigan avtobus oʻtdi. Boshqa tomondan esa giatsint rangidagi «Desoto» koʻchani kesib oʻtdi va koʻzdan yoʻqoldi. Men shunda derazadan qarab turgan amakimni koʻrdim. U bizni koʻrmasdi, ilgʻamasdi, oʻtib ketayotgan mashinalarni kuzatardi, xolos. Men unga uzoqdan-uzoq tikildim.

Yoʻl boʻshadi. Men onamga qayrilib qaradim, nima uchun bizni koʻchaning narigi tomoniga olib oʻtmayotganiga tushunmasdim. Onam ovoz chiqarmay yigʻlardi…