OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOrhan Pamuk
Asar nomiMaktab alamlari va zavqlari
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Postmodernizm
Mualliflar
   - Orhan Pamuk
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMiraziz A’zam
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Maktab alamlari va zavqlari
Orhan Pamuk

Maktabda ilk oʻzlashtirgan narsam ba’zilarining ahmoqligi, ikkinchi oʻzlashtirgan narsam esa ba’zilarining yanada ahmoqroqligi boʻldi. Xuddi din, irq, jins, sinf, boylik (va shu qatorda eng oxirida qoʻshimcha qilingan) madaniyat farqlari kabi, hayotdagi bu asosiy va aniq koʻrsatuvchi farqni ­farqlamaganday ishlashni komillik, nazokat va yaxshi tarbiya koʻrganlik alomati ekanligini u yoshda aqlan qamray olmaganim uchun oʻqituvchining sinfga har gal savol tashlashida, toʻgʻri javobni bilishimni koʻrsatish uchun sabrsizlik bilan barmogʻimni koʻtarardim.

Yana keyingi oylarda, yillarda bu bir odat boʻldi. Yaxshi, aqlli oʻquvchi ekanligimni sinf ham, oʻqituvchi ham bir oz anglagandi, ammo men yana har bir savolga javobim borligini isbotlamoq uchun barmogʻimni koʻtaraverardim. Oʻqituvchi menga juda siyrak soʻz berar, koʻpincha koʻtarilgan boshqa barmoqlarni, ular ham gapirsin, deya ishorat qilardi. Bir muncha keyin javobni bilsam-bilmasam, har savolga barmogʻim oʻz-oʻzidan koʻtariladigan boʻldi. Bunda, hamma qatori oddiy ki­yim kiysa ham, qimmatbaho bir sovgʻa yoki boʻyinbogʻ (galstuk) taqib boyligini bildirmoqchi boʻlgan kimsaning jonsarakligiga oʻxshash bir oʻzini koʻrsatish istagi bilan oʻqituvchiga nisbatan his qilingan bir turli qoyil qolish va hamkorlik qilish istagi ham bor edi. Chunki maktabda faxrlanib oʻzlashtirganim yana bir narsa «obroʻli shaxs« sifatidagi oʻqituvchimning iqtidori edi. Pamuq Apartmanidagi (Pamuqlar xonadonidagi) oilaviy koʻpchilik tar­qoq va boʻlingan holda edi: hamma bir dasturxonda oʻtirib ovqatlanarkan, har kalladan bir ovoz chiqardi. Oila bir-biriga mehr va yelkadoshlik, yigʻilish va suhbat ehtiyoji, yeyish-ichish va radio soatlari kabi biron kimsa tortishmaydigan odat va qoidalarga goʻyo oʻz-oʻzidan bogʻlanib qolganday edi. Uyda otam obroʻ va iqtidor markazi emasdi hech, u oramizda juda kam koʻrinar, goho talay vaqtgacha yoʻq boʻlib ketardi. Ammo, eng muhimi, akam bilan meni hech qachon ozorlamas, unga yoqmaydigan bir ish qilsak, hatto qoshlarini ham chimirmasdi. Keyingi yillarda bizni doʻstlariga tanishtirarkan, "bular ham mening ikki kichik ukam" deb qoʻyishni kanda qilmas va chindan bu soʻzining ustidan chiqardi. Bu jihatdan uyda »obroʻli shaxs» sifatida faqat onamni tanigandim.

Ammo uning menga oʻtadigan kuchi mendan tashqaridagi, begona bir «iqtidor markazi» boʻlganlikdan emas, mening sevilish, silanish va erkalanish istagimdan manba olardi. Shu jihatdan oʻqituvchining yigirma besh kishilik sinfni soʻziga kirdira olishi meni qoyil qoldirardi.

Balki u bilan onamni tenglashtirganimda, ichimda oʻqituvchimga munosib boʻlish uchun bitmas-tuganmas istak borligi yuz koʻrsatar. Faqat har savoliga javob bergim kelmas, vazifalarini yaxshi bajarmas, oʻqituvchi tomonidan sevilishni, farq­li va aqlli koʻrinishni istar edim. «Qoʻllaringizni mana bunday qovushtirib, gaplashmasdan oʻtiring» derdi oʻqituvchi va qoʻllarimni koʻksim uzra qovushtirar, butun dars sabr-la oʻtirardim. Ammo asta-asta har savolga javob berishning, bir arifmetik masalani hammadan oldin yechishning yoki eng yaxshi saboqlarni olishning zavqlari soʻlib, darslarda vaqt hech ado boʻlmaydiganga oʻxshab, daqiqalar ba’zan oʻta sekinlik bilan oqayotganday koʻrina boshladi.

Koʻzlarimni doskaga bir nimalar yozishga urinayotgan yarim aqlli baqaloq bir oʻquvchidan, oʻqituvchi yo boshqa oʻquvchidan, farroshdan, butun dunyoga doim yorugʻ ishonch va yaxshi niyat bilan, jilmayib va sogʻlom nazar bilan qaraydigan qizdan uzar, derazadan tashqariga, baland-baland imoratlar orasida yuksalib koʻrinib turgan akas daraxtining ust shoxlariga qadar edim. Shoxga bir qargʻa qoʻnardi. Diqqat-la kuzatardim. Tanasini pastdan koʻrganim - qargʻa bilan shoxning orqasida bir tutam bulut ham, manzara ham nuqul joylarini almashtirardi. Derazadan koʻrganim bulutni bir tulkining burniga, kallasiga, soʻngra bir itga oʻxshatardim. Endi it koʻrinishini oʻzgartirmasligini, bulut it holida yoʻlini davom ettirishini istardim, ammo bir ozdan soʻng buvimning pardoz javonining hech ochilmaydigan vitrinasidagi oyoqli kumush qanddonlardan biriga aylanardi. Shunda men uyga ketib qolgim kelardi. Uyning nim qorongʻi jimjitligi, bexatarligi xayolimdan oʻtarkan, birdan oʻsha qorongʻilik ichidan, xuddi tushda koʻringanday, otam koʻrinar, bozor kuni hammamiz birga mashinaga oʻtirib Bosfor boʻgʻozini kezishga ketardik. Shu asno, qarshidagi binoning derazasi ochilar, bir xizmatchi qoʻlidagi xokandozdan xas-toʻzlarni pastga qarata silkitar, soʻngra u ham men oʻtirgan joydan koʻrinmayotgan koʻchani parishonlik bilan kuzatardi. Ajabo, koʻchada nima bor ekan? Pastdan tosh yoʻlda ketib borayotgan ot aravaning ovozi kelar, boʻgʻiq ovoz bilan baqirayotgan «eskichiiii»ni eshitardim. Koʻchaga qarab oʻtirgan xizmatchi, eskichini kuzatib boʻlgandan keyin orqasiga qaytar, u berkitgan derazaning yonida boyagi bulutga oʻxshagan, ammo ters tomonga ketayotgan boshqa bulutni koʻrardim. Yon derazadagi bulut yoʻlida davom etarkan, ajab, bu, boyagi tulki-it-qanddon bulut boʻlmasin-da ishqilib, derdim oʻzimga oʻzim. Xuddi shu orada sinfda bir harakat boʻlar, men koʻtarilgan barmoqlarni koʻrganimda oʻqituvchining savolini eshitmagan boʻlsam-da, shoshib ular bilan birga barmogʻimni koʻtarar va toʻgʻri javobni bilganimdan soʻng oʻzimga ishongan tarzda kutib turardim. Boshqa oʻquvchilarning javoblaridan oʻqituvchining savoli nima boʻlganligini hali ham aniq bilmaganim oʻsha ilk onlarda ham xayollar choʻmgan aqlimda javobni juda yaxshi bilishimga oid quruq bir ishonch koʻrinib turardi.

Yillar boʻyi qatorlarida ikkita-ikkita boʻlib oʻtirgan sinf­larimizni ermak yeriga aylantirganimiz darslarda oʻrganganlarim bilan, oʻqituvchidan olganim ma’qullashlardan ham koʻra, sinfdosh doʻstlarimni bir-bir tanish zavqi, ularning mendan qanchalik oʻzgarganlarini biroz hayrat, biroz hayronlik, biroz achinish bilan koʻrganim boʻldi. Turk tili darsida bir nimalarni oʻqirkan, satr bitganda, bir qator pastdagi satrdan emas, ikki qator pastdagi satrdan oʻqishda davom etgan va butun diqqatiga qaramay sinfni kuldirgan yanglishini bir turli tuzatolmagan bir gʻamgin bola bor edi masalan. Boshlangʻich sinfda bir ora yonimda oʻtirgan, uzun qizil soch­lari ot dumiga oʻxshagan bir qiz bor edi. Portfelining ichi tishlangan olmalar, burda nonlar, nondan toʻkilgan kunjutlar, qalamlar, soch tasmalari bilan aralash-quralash boʻlardi, oʻzi esa pala-partish kiyinardi, ammo undan va portfelidan kelayotgan xushboʻy atir hidi meni unga bogʻlar, har narsani oʻz oti bilan aytib, jasorat bilan bayon eta olishiga hayron qolar, hafta oxirida uni koʻrmasam, sogʻinardim. Bir bolaning kallasi buvim aytgan toifadan, ya’ni tamoman xumkalla edi, yana bir boshqa kichkina boshli jajji qizning zaifligi va nozikligi meni sehr­lar, uchinchisining uyida boʻlib oʻtgan voqealarni oqizmay-tomizmay aytib berishlariga hayratlanar, oʻz-oʻzimga qanday qilib bunday boʻlarkin, deb savol berardim. Nechuk bu qiz «Otaturk » she’rini oʻqirkan, haqiqatan ham yigʻlaydi? Boshqalar anglayajagini bilaturib yolgʻon soʻylay oladi, manavi uchinchining portfeli, daftari, fartugi, sochlari, soʻzlari - hamma narsasi shu qadar tartibga keltirilgan?

Xuddi koʻchalardagi turli-tuman mashinalarning chiroqlari, amartizator, old kapoti va oynalaridan tashkil topgan burnini aqlim oʻz-oʻzidan bir narsaga oʻxshatgani kabi, sinfdagi bir qator bolalarni ham bir narsaga oʻxshatardim. Masalan, manov qirra burunlini tulkiga, besoʻnaqaylarni hamma odamlar aytganiday ayiqqa, soch­lari tippa-tik bolani tipratikonga... Mari ismli bir yahudiy qizning uzundan-uzoq xamirsiz bayramidan qilgan hikoyalarini, ba’zi kunlarda buvisi uydagi elektr tugmalariga ham tegmasligini aytib berishlarini elas-elas eslayman. Bir qiz oqshom xonasida oʻtirganida shartta orqasiga burilib qarasa, farishtaning soyasini koʻrganini aytgan, bu aqlimda qoʻrquv bilan oʻrnashib qolgan edi. Up-uzun oyoqlariga up-uzun paypoqlar kiygan va har doim hozir yigʻlab yuboradiganga oʻxshab koʻrinuvchi bir qizning vazir boʻlgan otasi, Bosh vazir Adnan Menderesning uchoq halokatida oʻlganda, qizning otasi oʻlmasdan ham boʻlajak falokatni avvaldan bilib yigʻlaganini taxmin qildim. Koʻp bolalarning, men kabi tish ogʻrigʻi bor edi. Ba’zilari tish qolipi taqardi. Litsey yotoqxonalari va sport zallari joylashgan yon tomondagi binoning ust qavatlarida bir yerda, tib laboratoriyasi yonida bir tish doʻxtiri borligini aytishardi. Oʻqituvchimiz biron voqeadan achchiqlanganda yaramaslik qilgan bolani oʻshaning oldiga yuboraman, deb tahdid qilardi. Undan kichikroq jazo doska osilgan devor bilan eshik orasidagi burchakda, sinfga orqasini oʻgirib oyoqda turgʻazish edi. Bu ba’zan «bir oyoq» jazosiga aylanar, ammo butun sinf darsni emas, jazolangan bolaning bir oyoqda qancha tura olishini kuzatishdan iborat boʻlgani uchun, darsni oʻtib boʻlmas edi. Bir oyoqda boʻlmasa ham, burchakka turgʻazilgan ba’zi toʻpolonchilar axlat idishga tupurar, oʻqituvchiga sezdirmasdan sinfga koʻz-qosh imolari qilar va ularning bu qiliqlari menda hayronlik emas, koʻproq qizgʻanish va nafrat uygʻotardi.

Tanballarning, toʻpolonchilarning, ahmoqlarning va uyatsizlarning oʻqituvchi tomonidan ozorlanishi, jazolanishi, yoqasidan olinishi, kaltaklanishi keyinroq samimiy inonganim jamoat va hamdamlik ruhiga qaramay ba’zan meni xursand qilardi. Har kim bilan haddan tashqari «sen-men«li, kirishimli bir qiz bor edi, masalan, maktabga shofyorli bir mashinada kelar, oʻqituvchi undan doskaga chiqishni soʻraganda, gʻoyat mamnun boʻlib chiqar, nozlana-nozlana "Jingle bells, jingle bells, jingle bells all the bells" deya inglizcha bir qoʻshiqni ayta boshlardi. Oʻqituvchi bilan orasi shunchalik yaqin boʻlishiga qaramay vazifalarini diqqat bilan bajarmagani uchun gap eshitishlariga, turtib tashlanishlariga guvoh boʻlganimdan siqilmasdim. Har vazifa tekshiruvida, bir qator bolalar vazifani bajarolmagani holda, oʻzini bajarganday tutishi, endi daftarning sahifalari orasida qilgan ishi, yozgan yozuvlarini topolmayotganday koʻrsatishi, oʻqituvchi esa bunga hech ishonmasa ham, qani u, deb murojaat qilishlari sababini hech tushuna olmasdim. Bir onlik sarosima va qoʻrqishlar, "Endi topolmayapman, ustoz!" deyishlar jazoni faqatgina bir necha soniya orqaga surar, ammo tarsaki yo quloq choʻzmaning shiddatini bir necha barobar orttirardi. Usmoniylar Saltanati maktablarida muallim tomonidan oʻquvchiga otilgan tayoqlar yoki domlaning oʻtirgan joyidan uzun xipchin bilan bola boshiga tushirishlari Ahmad Rasim (1865-1932) ning "Falaqa", »Kechalarim» nomli asarlari orqali hikoya qilinardi. Bolalikdagi va maktab chogʻidagi jazolashlar, shuningdek, keyingi yillarning darsliklarida uchrar va bularning hammasi Jumhuriyat va Otaturkdan keyin qolgan yomonliklar kabi taqdim qilinardi bizga. Ammo boy Nishontoshi mahallasidagi pullik maxsus Ma’rifat Litseyida modernlashish degan yangiliklarning bir qismi tazyiq yoʻli bilan kambagʻal va ojizlarni qoʻllashga qaratilgan yangilanish degani edi; endi falaqa yoki tayoq ishlatilmas, buning oʻrniga Usmoniylardan qolgan qari va badjahl oʻqituvchilar, chetlariga ingichka va qattiq bir mika (yaproqsimon tiniq oppoq tosh) parchasi oʻtkazilgan bir frantsuz buyumi jadvallar oʻrnida qoʻllanar va oʻsha bilan bolalarning boshiga urardilar.

Oʻjarlik bilan vazifani bajarmagan, yaramasliklari bilan oʻqituvchining sabrini tugatgan oʻquvchi, yomonlik namunasi etib koʻrsatilishi uchun, har kasning oldiga chiqarilardi, odamning ichini achituvchi urishlar va kamsitilish daqiqalari boshlanganida yuragim ezilib, kallam shishib ketardi. Yoshimiz kattayganda gimnastika muallimi, din muallimi, musiqa oʻqituvchisi kabi hayotdan bezgan, serjahl, keksa erkak oʻqituvchilarning qoʻliga tushganda koʻpayadigan bu jazolash marosimlarini koʻrib, avvalgi zerikarli darsning oʻrtasida bir necha daqiqa davom etadigan tomosha qilib oʻtirishlarni, muloyim va onaday muallimalarni mamnuniyat bilan sogʻinib oʻtirardim. Biron oʻquvchi, xuddi sut toʻkib yuborganday, oldiga qarab, aybini tan olib, inontiruvchi bir qancha uzrlar aytsa jazosi sal yuvosh tortardi. Ammo aytgan uzri koʻrsatgan hunaridan katta boʻlganlar, yolgʻon boʻlsa ham aybini yumshatadigan bir bahona topolmaganlar, topolmaydiganlar, yolgʻon gap aytguncha kaltaklanishni afzal bilganlar, oʻqituvchining obroʻyini tushiradiganlar, jazolanayotgan chogʻlarida bir ora qosh-koʻz imosi qilib sinfni kuldiradiganlar, bir tarafdan noshudona yolgʻonlarni qalashtirib, boshqa tarafdan «boshqa yolgʻon gapirmayman, ustoz» deya samimiy qasam ichuvchilar, tayoq va kamsitilishdan qon-terga botgan, yanglishib qopqonga tushgan hayvonday, bilmasdan yana xatolikka yoʻl qoʻyib aziyatlarini yanada orttirgan bir boshqa sinfdoshlar menga insonlik va hayot haqida barcha Hayot Bilimi kitoblaridan va Sinf Bilimi jurnallaridan ham teranroq narsalarni oʻrgatardilar.

Ba’zan tartibli, yoqimtoy yoki siniq holini koʻrib, uni ichimda sevib yurganim bir qizning shunday kamsitilganiga va uzr onlarida yuzi qip-qizil boʻlib ketganiga, koʻzida yoshlar halqalanganiga qaraganimda uning tezroq qutulishini istardim. Tanaffuslarda menga ham aziyat qiladigan anov sariq sochli, semiz bolaning dovdirashini, dovdirarkan, kaltak yeganini koʻrganimda voqeani qalbsizlik bilan zavqlanib tomosha qilardim. Tuzalishiga umid qoldirmagan ahmoq va beta’sir ekanligiga ishonch hosil qilganim oʻta quruq, ovozi past va gʻururli bir bolaning oʻqituvchini izdan chiqarib gerdayishining sababini bilolmaganimda, bolaning koʻzlaridan yoshlar oqarkan, oʻqituvchi bilan oʻquvchining ayni chogʻda qay biri haqligini bilolmay charchablar ketardim. Ba’zi oʻqituvchilar oʻzi doskaga chiqargan oʻquvchining bilimini sinashdan ham koʻra koʻproq oʻz jaholatlarini namoyish qilib, kamsitishlaridan qanchalik maza qilsalar, ba’zi oʻquvchilar ham ahvolni iroda bilan yaxshilashdan ham koʻra oʻzlarining kamsitilishidan oʻshandoq maza qiladiganday tutardilar. Ba’zi oʻqituvchilar bir daftarning yanglish rangli bir qogʻoz bilan oʻralganini koʻrganlarida qutirib ketar, ba’zilari bosh­qa paytlar hech e’tibor bermaydigan oddiy bir pichir-pichirga ham bir shapaloq bilan jazo berardilar, ba’zi oʻquvchilar javobini biladigan oddiy bir savolga, koʻzlari mashina chirogʻidan qoʻrqib ketgan quyonday, qotib qolar, ba’zilari esa - eng koʻp shunaqalarni qoʻllardim - javobni bilmasalar ham, biladigan narsalarini yaxshi niyat bilan sayrayverardilar.

Ba’zi bir paytlarda, ozor bilan yoki daftarlarning, kitoblarning irgʻitilishi bilan boshlangan qoʻrqituvchi onlarda, butun sinfda tiq etgan ovoz ham chiqmayotgan bir pallada boshiga shunday kamsitishlar kelmagan tolelilardan boʻlganim uchun shukr qilardim. Sinfning uchdan biri shunday boʻlakcha «imtiyoz«-lilardan edi. Yoʻqsullar bilan boylar bir sinfda oʻqiydigan ba’zi davlat maktablariga qarama-qarshi oʻlaroq, bu maxsus maktabda surunkali kamsitilishlar bilan hech xafa qilinmaydigan tolelilarni ajratib turuvchi yashirin chiziqning oʻquvchining boyligi yo kambagʻalligi bilan aloqasi yoʻq edi. Maktabga kelib bolalarcha bir ogʻaynilik bilan tanaffuslarda quvlashmachoq oʻynab xursandlik bilan unutganim va ruhim rad etgan bu yashirin chiziq, oʻqituvchi oʻz kursisidagi joyiga bir iqtidor taxtiga oʻtirganday oʻtirishi bilan birdan yuzaga chiqaverardi va men ham bu tayoq va kamsitishlar pallasida oddiy, ammo kuchli bir qiziqish bilan ba’zilarining nima uchun bunday tambalroq, viqorsiz, irodasiz, beta’sir, aqlsiz yoinki mana »shunday» boʻlisharkin deb oʻzimdan soʻrardim. Ammo hayotim zulmatiga va sinf­dosh oʻrtoqlarimning ruhlariga yoʻnalgan bu savolga na u davrda oʻqiy boshlaganim va hamma yomonlarning ogʻizlari buramli qilib chizilgan suvratli romanlar, na-da bolalik tuygʻularim javob berar, men ham savolni unutardim. Bularning barchasi, maktab degan dargoh aslida eng muhim va asosiy hisoblangan savollarga javob bermagan, faqat ularni hayot haqiqati sifatida tan olishimizga yordam bergan joy degan xulosaga keldim. Shu boisdan to litseyga kirgunimcha barmogʻimni koʻtarib oʻzimni chiziqning tinchgina va erka tarafida tutishga intildim.

Maktabda yana bir oʻrganganim asl narsa - hayotning soʻralmaydigan «haqiqatlarini« qabul qilish emas, ularga maftun boʻlish ekanligini sezardim. Birinchi yillarda boʻlar-boʻlmas bahonalar bilan, ikkida bir oʻqituvchi darsning oʻrtasida bizga bir ashula ayttirishni boshlardi. Inglizcha, frantsuzcha soʻzlarini tushunolmaganim, yaxshi koʻrmaganim bu qoʻshiqlarni xuddi aytayotganday harakat qilarkanman sinfdoshlarimni kuzatishdan zavqlanardim. (Turkchaga "Soqchi ota, soqchi ota, bayram keldi, surnay chal!" kabi oʻgirilgan ashulalar aytilardi.) Yarim soat oldin daftarini yana uyida unutgani uchun koʻzyoshi toʻkkan past boʻyli semiz bola endi ogʻzini katta-katta ochib baxtiyorlik bilan ashula aytayotgan boʻlardi. Uzun sochlarini hadeb quloqlarining orqasiga otayotgan qiz, qoʻshiqning oʻrtasida yana shu harakatini takrorlardi. Tanaffusda koridorlarda meni quvlagan semiz toʻpolonchilardan biri va uning kamgaproq, zakki va juda kamtarligiga qaramay yashirin chizgining men tarafimda qoladiganday ehtiyotkor oqil ustozi endi farishtasimon bir ifoda bilan musiqaning bulutlari orasida yoʻq boʻlib ketgandilar. Tartibli qiz ashulaning oʻrtasida qalamdonlarining, daftarlarining oʻrnini yana bir bor taxlardi, maktabning daraxtzor hovlisidan oʻtib sinfga kelayotganda, ikkov birga boʻlishimiz uchun "Menga sherik boʻlasanmi?"- deya soʻraganimda indamay faqatgina qoʻlimni ushlagan tirishqoq, zakki qiz ashulani yaxshiroq aytish uchun oʻzini juda jiddiy tutardi, imtihonlarda kimsa qaramasin deya qogʻozini emizikli chaqalogʻini bekitayotgan xotinlarday butun gavdasi bilan toʻsib olgan qizgʻanchiq va baqaloq bola hech kimsaga ochmagan gavdasini ochadiganday harakatlar qilardi. Har kun tayoq yeydigan, kelajagi umidsiz essizlardan birining esa ashulaga zoʻr xohish bilan qoʻshilganini va oldidagi qizning bir tola sochini oʻgʻrincha tortganini, diqqat bilan ashula aytayotgan qizning ikkida bir »voy-voy»lashi, bu onda u bola derazadan tashqariga qarab turganini koʻrganimizda, biz ham qizil ot dumiga oʻxshagan sochli qiz ikkimiz shu onda bir-birimizning koʻzlarimiz ichiga tikilib kulimsirar edik. Hech tushunmay aytayotgan ashulamning lay la lay la, lay lay lay qismiga kelganda men ham nash'a bilan har kas yuksaltirgan ovozga qoʻshilar, soʻngra derazadan tashqariga qararkan, bir oz soʻngra, bir oz soʻngra qoʻngʻiroq chalinishini, butun sinf bir onda guvullab paltolariga, portfellariga yopishishini va bir qoʻlim port­felda, bir qoʻlim men ila akamni uch daqiqalik naridagi uyga yetaklab ketadigan eshikbon amakining qoʻlidaykan, sinfdagi barcha bu insonlardan charchaganimni, ammo hozir onamni koʻraman, deya odimlarimni tezlatajagimni xayol qilardim.

«Istanbul. Xotiralar va shahar» kitobidan