OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOrziqul Ergash
Asar nomiDala oʻrtasidagi daraxt (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Orziqul Ergash
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm28KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/01/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Dala oʻrtasidagi daraxt (hikoya)
Orziqul Ergash

Toʻrtovlon Koʻksoy boʻyidagi shiyponda, ulkan chorpoyada davra qurganmiz.

Tagimizda choʻgʻday koʻrpachalar, biqinimizda par yostiqlar. Shiypon atrofi suv sepilgan, yogʻ tushsa yalagunday top-toza, sarishta. Gulrayhonlar hidi hov etakdagi shamshodlar ostidan koʻtarilib havoga singiyotgan kabobning xush boʻyiga aralashib dimoqqa uriladi. Oʻsha shamshodlar tagida bir qariya va yosh yigit unnalib yurishadi. Olis-olislardan oppoq choʻqqili togʻlar, undan beriroqda Choʻpon ota adirlari, yanayam beriroqda esa bir chekkasi manovi soygacha kelib yetadigan paxta paykali va unda yoyilib gʻoʻza chopiq qilib yurgan qiz-juvonlar koʻzga chalinadi. Bu yoqda — «Shotutli» oʻrtasida, yolgʻizlikka mahkum etilgan shotut ma’yus oʻy surib turadi. (Ammo u bir paytlardagi mahobatli, sadaqayragʻochdek xushsuvrat daraxt emas. Shotut hozir... Yaxshisi, bu haqda keyinroq...)

Bunaqa toʻrt koʻz tugal yigʻilmaganimizga koʻp zamonlar boʻlib ketgan. Toʻgʻri, Eryigit, Sayim, men uchovimiz ora-sira koʻrishib, yigʻilishib turamiz. Burhon esa qoʻshilmaydi va biz ham unchalik ishtiyoq sezmaymiz bunga.

Men ta’tilda edim. Eryigit xizmat safari bahonasida yoʻl-yoʻlakay qishloqqa kirgan ekan. (U viloyat gazetasida xizmat qiladi.)
— Burhon haq bermoqchi. Qattiq iltimos qilyapti, — deb qoldi Sayim. (U maktabda harbiy ta’limdan dars beradi.)
— Burhonni qoʻy, — dedi Eryigit, — Oʻzimiz oʻtiraveramiz.

U azal boshdan Burhonni xushlamasdi, Koʻksoy tollari voqeasidan keyin esa koʻrarga koʻzi yoʻq. (Tollar haqida ham keyinroq...)

Sayimning miyasiga bir narsa urdimi, amalga oshirmay qoʻymaydi. Eryigitning jon joyidan ushladi.
— Menga qara, sassiq deb burningni kesib tashlamaysan-ku. Burhon ham begona emas, birga oʻsganmiz, — dedi kulib, — sen yoqtirmasang oʻzingga, menga juda ma’qul bola. Bunaqa qoʻli ochigini hech yerda koʻrmaganman. Qolaversa, u avvalgi Burhonmas, hali koʻrsang meni aytdi deysan...

Xullas, u dedi, bu dedi, koʻndirdi.

Keyin bilsak, Burhonga ham shunaka ishlov bergan ekan: bir kep qolishibdi. Oʻzimizdi joʻralar, biri olim, kimsan texnika fanlari doktori, biri katta shoir, depti. Ular bilan oʻtirishni havas qilib yurganlar qancha. Undan tashqari sening dovrugʻingni eshitib, suhbatingni olmoqchi boʻlib yurishibdi oʻzlariyam... (Burhon Farmon birgaddan keyin bir muddat brigadirlik qildi. Kolxoz tugatilgach, brigada yerini xususiylashtirib olib, boz-boyagiday ishini davom ettirayotgan ekan.)

Eryigit avvaliga qovoq ochmay oʻtirdi. Burhon buni oʻzicha tushunib, ayniqsa unga xushomadni oshirdi. Hali sixda jizillab turgan kabob uzatar, hali gazak tutar, hali qadahni ikki-uch qayta urishtirib, ichishga undardi.

Iltifotlar ta’sir qildimi, ichimlikmi haytovur Eryigit yumshadi, davraga jipslasha boshladi. Sayim Eryigitga bir narsani qattiq tayinlagandi: Burhonga tana-dashnom boʻlmasin, Koʻksoydi xarob qilibsan, boshqa-qashqa degan gaplar qilmagin. Arogʻini ichib oʻtirib bunaqa qilish notoʻgʻri. Boshqa payt, boshqa joyda ixtiyoring, degandi.
— Ichkilik deganda iblis bilan ham ogʻiz-burun oʻpishishgayam tayyorsan-a, — deya hazillashdim.
— Albatta-da, — dedi u parvo qilmay. — Bu sabil shaytonning suvi-da oʻzi. Ichkilikka ruju qoʻyganidanmi, Sayimning yuzlari qarimsiq tortib, qon urib qolganidan jigarrang boʻlib ketgan. Eryigitning oʻsha-oʻsha kamgapligi. Buning ustiga oʻta rahmdil. Bolaligada birovni qoʻlida chumchuqmi, boshqa jonivormi koʻrib qolsa, qoʻyvorgin, azob bermagin deb yolvorib yurgan kuni edi. Shunday ekan, butun boshli gurkirab oʻsib yotgan tollarni qiyratgan Burhonni osongina kechirib yuborarmidi.

Hozir ham bu yerda bizning yuzimizdan oʻtolmay arang chidab oʻtiribdi.

Avval men kadah soʻzi gapirdim. Joʻralarning hammasiga, jumladan dasturxon sohibiga ham sogʻlik, omad tiladim. Fermer Burhonning a’zolarini, plan masaaalarini ham unutmadim. Sayim boʻlsa qitmirligini qoʻymay, Burhonni nukul koʻklarga koʻtarib maqtadi.
— Farmon birgad yigirma yilda qilmagan, qilolmagan ishni Burhon joʻramiz bir yildayoq qilib tashladi, — dedi bizning qitiq patimizga tegib. — Mana shunday ajoyib shiypon koʻtardi. Haqiqiy rahbar shunaqa boʻladi-da. Kolxozchilarini oʻylab qildi-da buni. Odamlarim hordiq olishsin, dedi, chang-tuproqqa qorishib, peshinlarda soy boʻylarida dumalab yotishmasin, dedi-da. Oʻshalardi duosi sharofati bilan mana endi fermerlikni ham doʻndiryapti... Malik joʻramning tilagiga qoʻshilaman, joʻramiz omon boʻlsin, topgani toʻylarga, ulfatchiliklarga buyuraversin...

Eryigit bir necha marta oʻziga berilgan qadah soʻzini indamay oʻtkazdi. Biroq, Sayimdan qutilib boʻlarmidi.
— Mana necha yilda bir koʻrishib turibmiz, joʻra, — dedi gapni uzoqdan keltirib. — Agar menga, Mapikka, Burhonga aytar gaping, tilaklaring boʻlmasa, mayli indamasdan ichaveramiz, lekin buyam toʻgʻri boʻlmaydi-da, joʻra. Faqat ichish uchun toʻplanmaganmiz-ku, maqsad...
— Boʻldi, boʻldi, — deya xijolatli kulimsirab Eryigit piyolasini qoʻliga oldi. — Bari bir qoʻymaysan, bilaman... Xoʻp, Sayimjon, raxmat Burhon ikkovingga. Boshimizni qovushtirganlaring uchun... Qiziq-da, qaysi birimiz oʻylagandikki, oradan oʻn besh, yigirma yillar oʻtib, mana shu yerda, mana shu tarzda atlas koʻrpachalarda yastanib ziyofat yeymiz, deb... Masalan, mening xayolimning koʻchasigayam kirmagan... Toʻgʻri, kelajak haqida oʻylaganman. Lekin, men oʻylagan kelajak butkul boshqa edi. Sizlarni bilmadimu, ammo men... - u birpas olislarga koʻz tikib jim qoldi. Keyin bilinar-bilinmas xoʻrsinib qoʻyib davom etdi. — Men borar manzilimni ancha-muncha adashtirgan ekanman.

Eryigit yana jim qoldi. Qoʻlidagi piyolasini dasturxonga qaytib qoʻydi.
— E, ja, pessimist boʻp ketibsanmi, shoir, — dedi Sayim shovqinli ovozda. — Bunaqa emasding-ku, sen avval boshdan moʻljalni toʻgʻri olgan eding. Mana Malikboy aytsin, mushtday bola edik hammamiz, sen shoir boʻlaman, derding. Toʻgʻrimi? Mana shoir boʻlding, kitoblaring chiqdi. Katta bir gazetaning, respublika gazetasining viloyat muxbirisan. Yana nima qoldi yetishmaganing. Ha, aytmoqchi, menga qara, joʻra, koʻpam noshukur boʻlavermaylik, mustaqillikka erishganimiz, bu — hammamizning baxtimiz emasmi! Manzilga toʻgʻri yetganimiz emasmi!.. Ja, bunaqa odamni yuragini ezmagin-da, adashganman, yanglishganman deb! Senday shoir odam shunaqa deb tursang, biz bechoralar butkul uloqib ketgan ekanmiz-da boʻlmasa!..

Sayimning joʻshib ketayotganini kulimsirab kuzatib turgan Eryigit, boʻpti, boʻpti, deganday bosh irgʻadi.
— Sayimjon, uzr, — deya Eryigit soʻzini davom ettirdi. — Lekin, sen yaxshi gap aytding, mustakillikka erishganimiz, bu hammamizning umumiy baxtimiz. Ammo... — u yana xoʻrsinib koʻydi, — shaxsiy baxt boshqa narsa... Boʻpti, bu gapga nuqta qoʻyaman. — Qoʻliga piyolasini oldi. — Agar mana shu sabilni ichish kerak boʻlsa, men taklif qilardimki, mana shu dalalarda oʻtgan eng pokiza va baxtiyor bolalik uchun ichaylik. Bolalikning oʻzi baxt ekan. Mayli, u quyoshda qop-qorayib ketmon chopgan boʻlsin, qoʻllari taram-taram yorilib oʻt yulgan, paxta tergan boʻlsin, Sayim aytgandek, manavinaqa shiyponda emas, tollar tagida dumalab dam olgan boʻlsin, bolalikning oʻzi bir baxt ekan... Men yana taklif qilardimki, oʻsha baxtiyor bolalik yillarimizdan qolgan yakkayu yolgʻiz yodgorlik — anovi Bobo Shotut uchun ichaylik...
— E, shotut qoptimi! — deb yubordi Burhon befarosatlarcha.

Eryigit biz zum jim qoldi-da, yana avvalgi sokin qat’iyatda soʻzini davom ettirdi.
— Bobo Shotutning gʻanimat qolgan umri uchun ichaylik!..
— Zoʻr gap boʻldi, zoʻr! — dedi Sayim shovqinlab. — A, nima dedilaring, shoir shoir-da bari bir. Qani boʻlmasa, urdik.

Piyolalarni oldinma keyin boʻshatib, gazak qilgani tutinarkanmiz, Burhon ogʻzida ovqati bilan gapga tushib ketdi.
— Yangi yil kechasi edi. Televizor oldida erib, yonboshlab yotgan edim, xotin baqir-chaqir qip qolsa boʻladimi. Hey, baqa chiqing, uni qarang, deydi. Hovliga chiqsam, manashiyaq kunday yorishib boryapti. Kayfim uchib ketdi. Obbo, dedimu otni yaydoq minib, bogʻ oʻrtasidan soldim. Hov oʻrta yoʻlda bir gʻaram gʻoʻzapoya bor edi. Shunga oʻt ketdiyov, deb oʻylagandim. Yetib kelib qarasam, gulxan dala oʻrtasida. Battar qoʻrqib ketdim. Ajina bazm boʻlyaptimi, nima balo, dedim. Toʻgʻrisi-da, shotut kimdi esida bor... Tikilibroq qarasam, olovdi oldida uch-toʻrtta odam chopib yuribdi. Yuragimni bosib olib, otimni yoʻrttirib bordim. E, shotut degani alomat yonarkan, xuddi benzinga boʻktirib olinganday gur-gur qiladi. Qish oʻrtasi boʻlsayam, yogʻin boʻlmaganidan quruqshab yotgandi-da.
— Qisqasi rosa tomosha boʻlgan ekan-da, — kesatdi Eryigit.
— Nimasini aytasan, — kesatiqqa kesatiq bilan javob berdi Burhon. - Lekin, bir-ikkita zangʻar tomoshani beliga tepdi. Hov, Moʻsoariq bilan Shotut orasi qancha bor, uch yuz-toʻrt yuz qadam keladi-ya, ana oʻsha yerdan suv tashib kelishyapti. Odamni kulgisi qistaydi...

Eryigit oʻrnidan turib ketdi-da, hovli etagiga borib, shotut tarafga koʻz tekkancha cheka boshladi.
— Rost-da, odamni kulgisi qistaydi, — Burhon toʻxtam bilmay davom etdi. — Uying yonyaptimi buncha qovlikib chopasanlar. Bolibek amaki degan boʻlardi-ku, oʻshani Toshkentda oʻqiydigan bolasi, hammani zir yugurtirayotgan oʻsha. Ey, qoʻyaveringlar, bu endi odam boʻlmaydi, degandim, baloga qoldim. Haligi zumrasha, bu mani otamni koʻrgan, bobomni koʻrgan, deb xezlanib kelsa boʻladimi. Yana bir narsa desam, yoqamdan oladigan. E, bore, deb joʻnab qoldim. Men hozir...

Burhon karavotdan ildam tushdi-da, xiyol gandiraklab oppoq tutun buruqsib turgan shamshodlar tomon ketdi. Sayim Eryigitni sudraguday boʻlib yetaklab kelib, joyiga oʻtqazdi. Sixda jizillab turgan kaboblarni dastalab koʻtarib kelgan Burhon oʻrniga oʻtirar-oʻtirmas, gurungini toʻxtagan yeridan davom ettirdi.
— Mana, bari bir aytganim boʻldi, koʻkarmadi...
— Koʻkaribdi-ku, — dedi Eryigit unga tik qarab.
— E, qayoqda! — Burhon qoʻlidagi sixlarni dasturxon oʻrtasidagi tovoqqa qoʻyarkan qoʻl siltadi. — Toʻrtta shoxi qolgan edi. Bittasi shamolda qulab tushdi. Qolgan uchtadan bittasi arang barg chiqaribdi. Ana qaranglar, shotutmas, qurigan saksovul boʻp yotibdi.
— Pastki tanasidan yangi novdalar chiqazibdi-ku, — dedi Eryigit yosh boladay oʻjarlik bilan.
— Bari bir boʻlmaydi, bachki novdalar qishda qurib qoladi.
— Boʻladi, sen shotutni bilmabsan!
— Foydasiz, oʻzaklarigacha kuyib ketgan.

Sayim oraga tushdi. U Burhonga koʻz qisib qoʻyib, tanbeh bergan boʻldi.
— Unaqa dema, Burhon, shotutimiz koʻkarsin. Biz yana mazza qilib yeylik. Toʻgʻrimi, Abdumalik...
— Qiziq gapirasan-a, Sayim, — dedi Burhon, keyin iltifotsiz bir six kabobni olib yeyishga tusharkan, goʻldirab davom etdi. — Koʻkaraversin. Menga ogʻirligi tushyaptimi. Koʻkaraversin...

Sayim bizlarga kabobdan olib uzatdi.
— Qani, sovumasin. Olinglar.
— Men oʻz koʻzlarim bilan koʻrdim, — yostiqqa tirsaklab, oyogʻini uzatarkan, Burhon yana mavzuga qaytishdan oʻzini tiyolmadi. — Kovaklari ichidan olov xuddi moʻridan chikqandek chiqib borayotgan edi. Shuni uchun aytayapmanda oʻzaklarigacha kuyib ketdi, deb...
— E, boʻldi endi, shotut haqida gap tamom, — dedi Sayim toqatsizlanib. — Ichamiz. Ol piyolangni bu yoqqa. E, oʻrgildim sendaqa fermerdan!..

U yangi shisha qopqogʻini ochishga tutinarkan, niyati oʻzgardi.
— Yoʻq, endigi qadahni oʻsha Shotut boboning oldida borib ichamiz. Turinglar!..
— Sayim jinnilik qilma, — dedi Burhon yonboshlagan koʻyi kavshanib. - Shu daqqi oftobda shotutti tagida balo bormi!
— Sen jim oʻtir. Men mehmonlardan soʻrayman. Nima deysizlar, boramizmi, Malikjon, Eryigit?.. — Sayim Eryigitni bagʻriga bosib, yuzidan oʻpdi. - Mening shoir doʻstim, men sen ikkoving bilan faxrlanaman. Doim oʻquvchilarimga aytib, maqtanib yuraman. Senlar tufayli ular menga havas qilishadi. Qani, turinglar, iltimos...

Eryigit boshini koʻtarmadi. Sayim endi menga tirgʻaldi.
— Abdumalik, xoʻp degin, joʻrajon.
— Shundogʻam yaxshi oʻtiribmiz, Sayimjon...
— Yoʻqmi, yoʻq degin. Sen alkashsan, jim oʻtir de, oʻtiraveraman.

Kayfi oshib qolgan Sayim hay-hay demasam yigʻlashga tushadi. Eryigit bosh solib oʻtiribdi. Burhonga qarasam, yelka kisadi.
— Men bechora bir alkash...
— E, bechora alkash, — dedim kulib, — boʻpti boramiz!.. Toʻrtovlon gandiraklab yoʻlga tushdik...

* * *

... U bir paytlar gʻoyatda mahobatli, ulkan, shu bilan birga gʻoyatda xushsuvrat daraxt boʻlib, bir qarashda sadaqayragochga oʻxshab ketar va olis-olislardan ham koʻzga tashlanib turardi.

Uni bu yerga kim oʻtqazgan, qachon oʻtqazgan, nega aynan dalaning qoq oʻrtasiga oʻtqazgan... hech birimiz bilmasdik. Hatto keksalarimiz ham: «biz mushtday bola edik, shotutning shu turishi edi. Mana qarib-qartayib boryapmiz, u haliyam oʻsha-oʻsha», deyishardi...

Shotutning bujur tanasiga ikkitamizning qulochimiz arang yetadi, yon atrofga bosh solib turgan novdalari birday chayir va zalvarli, anchayin shamol-toʻpolonlar ularni tebratolmasdi. Oʻsha yillar ham bu dalada paxta ekilardi. Dala oʻrtasida qoʻr toʻkib turguvchi bu viqorli daraxt esa bizning gʻaribgina bolalik dunyomizning ajralmas bir moviy boʻlagiga aylanib qolgan edi. Dala yumushidan bir zumgina ozod boʻldikmi, unga yopirilardik: uning osti-ustini bozor qilib yuborardik.

Yillar oʻtib u bilan xayrlashuv fursati ham yetdi. Ammo, biz xotirjam edik: u qarimaydi. Yana oʻn yil, yigirma yil, oʻttiz yil oʻtib kelsak ham u bizni xuddi shu turishida qarshi oladi, degan ishonchda edik...

* * *

Tush paytlari soyda chumilib, salqinlab olganimizdan keyin tollar tagida choʻzilishib, hozirgina oʻzimiz chiqib kelgan dalaga tikilardik. Dala jivir-jivir hovur ichida hansirab turganga oʻxshar, katta-kichik quyunchalar behol gʻoʻzalar bargini yulqilab, bir-biri bilan quvalaishachoq oʻynab yotar, dala oʻrtasida bechora Shotutimiz gungu lol boʻlib turar, uning qoq tepasida esa saraton oftobi misoli olov shar boʻlib otash purkagani purkagan edi. Xayol kilardikki, hozir uning yaproqlari qovjiraydi, keyin novdalari chatnab-chirsillab turadi-da, birdan lov etib alanga ichida qoladi... Oxir-okibatda shunday boʻldi ham. Lekin saraton oftobi emas, uch-toʻrtta betiyiq bolakayning ermagi xarob qildi uni.

Shotut bizni aftoda bir alfozda qarshi oldi. Burhon topib aytgan ekan, u saksovulga, ulkan saksovulga oʻxshab qolibdi...

Biz yetib kelgunimizcha, Shotutning buyradekkina soyasida koʻrpachalar solinib, dasturxon tuzab qoʻyilibdi. Sayim darhol chordana kurdi.
— Xoʻp, qani kelinglar, — dedi u xushhol, — olim oʻng tarafimda, shoir chap qoʻlimda oʻtirsin. Sen Burhon toʻgʻrimda oʻtirgin-da, aroqdan quy. Yaxshisi, oʻzim quyaman. Burhon ikkalamiz oʻtirdik. Eryigit shotut atrofida aylanishib, paysallab turdi. Sayim piyolalarni toʻlgʻazdi.
— Eryigit, kel buyoqqa joʻram. Tomoqlar taqillab ketdi. Kelaqol, boʻyingdan seni. Oʻtir. Haligi gapingni takrorlaysan...

Eryigit gapirmadi. Bosh solib oʻtiraverdi.
— Boʻpti, shoirdi oʻsha gapi uchun... Qani, urdik.

Me’yoriga yetdi shekilli, koʻp oʻtmay Sayimning birov bilan ishi boʻlmay qoldi. Eryigitga oʻxshab bosh solib oʻtiraverdi. Anchagina kayfi oshib qolgan Burhonning esa aksincha tili-jagʻi ochila boshladi. Falokati qisib, Eryigitga tirgʻalishga oʻtdi.
— Mana sen shoirsan, — dedi u goʻsht chaynashdan ogʻzi boʻshamay, — katta gazetta ishlaysan. Hamma sendan qoʻrqadi, malades... Lekin, men qoʻrqmayman, bir gramm ham... — u atrofiga qarab oldi-da, pixillab kuldi. — Chunki, sen joʻramsan...

Eryigit jahli chiqsa gapini yoʻqotib qoʻyadi. Rangi oqarib, qizaraveradi. Duduqlanib qolishdan koʻra, gapini ichiga yutishni ma’qul koʻradi. Juda oʻtib ketsa, qoʻli ishga tushadi. Bunaqa paytda uni toʻxtatish mahol. Oʻzi ozgʻin, nimdoshgina koʻrinsa-da, devday odamdan ham tap tortmay tashlanaveradi. Burhon shu tobda yo uning ahvolini tushunmayotgandi. Yoki boʻlmasa oʻzining ham janjallashgisi kelayotgandi.

Burhonga «bas qil» deganday koʻz qisdim, tushunmadimi, endi menga yuzlanib oldi.
— Joʻramiz raisga xat yozibdilar. Unda kolxoz shirkatga aylangan edi. Shirkat ham omonat imoratday qimirlab turardi... Shunday, shunday, tollarni yiqitibsizlar, tolsiz soy soy boʻladimi... goʻzallik, tabiat, yana bir narsalar debdi-da, ishqilib. Rais nima qildi, degin, anovi shiyponga odamlardi yigʻdi-da, buni xatini oʻqib berdi. Mayli, oʻzimizdan chiqqan kadr, iltimos qilgan ekan, ektiramiz qaytadan. Shoirdi gapi yerda qolmasin, dedi...

Sayim oʻtirgan yerida tushunib-tushunmay «toʻgʻri, toʻgʻri» degancha bosh irgʻab qoʻyardi. Men boʻlsam, kayfim tarqab, hushyor tortib boryapman. Eryigit betoqatlanib, suvli idish qopqogʻini ochdi-da, idishi bilan koʻtarib ichdi. Barmoqlari titray boshladi.

Burhon boʻldi qilay demasdi.
— Keyin ketdi-bordi, qaytib esigayam kelmadi. Bilaman, shoir mendan xafa. Tollarni men yiqitganman, boʻynimga olaman, chunki, paxtani oʻyladim. Eski tollarni yiqitsam, hasharot kamayadi, deb oʻyladim... Endi, gapni oʻgʻil bolasini aytsam, shoirdi ishqi oʻsha tollarga bekorga tushmagan. Tabiat, goʻzallik degani bir bahona. Oʻsha soydi boʻyida bittasi bilan svidaniya qilardi. Koʻrganman ikkovini, toldi tagiga biqinib olib, bir-biriga termilib, she’r oʻqib oʻtirishardi. Lekin... — u pixillab kuldi. — Lekin, hech ish qilishmasdi.

«Tamom, endi muqarrar!» dedim. Va oʻrnimdan turib, ularning oʻrtasiga borib choʻkmoqchi boʻldim.
— Oʻsha jonon hozir bir amaldorning toʻshagida...

Burhon gapini tugatishga ulgurmadi. Men borib unga qalqon boʻlishga...

Eryigit oʻtirgan yerida chap qoʻli qirrasi bilan Burhonning manglayiga yashin tezligida zarb berdi. Chorpaxil Burhon oʻtirgan yerida gʻoʻlachaday uchib tushdi.

Unga yordamga shoshilgandim, Eryigit yelkasi bilan meni turtib yubordi-da, Burhonning yokasidan changallab koʻtardi. Oyogʻiga turar-turmas yuziga musht tushirib qulatdi. Yana koʻtardi. Ayirmoqchi boʻlib harchand urinmay, qoʻlimdan kelmasdi. Bir payt Sayimning dahshatli hayqirigʻi eshitildi.
— Toʻxta! Toʻxta deyman!

Unga qarab qoʻrqib ketdim. Koʻzlari qinidan chiqib ketgan, qoʻlida yarmi sindirib tashlangan aroq shishasi. Etim muzga aylandi. «Ana endi haqiqiy fojia yuz beradi!»
— Sayim, oʻzingni bos, jinnilik qilma, — deb unga roʻpara boʻldim.
— Yoʻlimdan qoch, — deb qoʻlidagani serpadi. — Hozir oʻldiraman, qonini ichaman uni!..

Eryigit Sayimning baqirigʻidan oʻziga kelib, oyogʻi ostidagi Burhonning yoqasini boʻshatdi. Qaddini rostlab, sovuq bir xotirjamlik bilan Sayimga qarab yurdi.
— Qani, kimni oʻldirmoqchisan?!

Sayim ich-ichidan Eryigitni hurmatlab, oldi-orqasida faxrlanib gapirib yurardi. Hozirgi holatida ham shu narsa ish berdi. Darhol popugi pasayib, qoʻlidagi shishani tashladi. Keyin kutilmaganda tizzasiga choʻkib, yigʻi aralash gapira ketdi.
— Mana meni urmaysanmi uni urgancha. U bir bechora-ku, Xudo urib qoʻygan bechora-ku!

Eryigit shartta orqasiga qayrilib, shotutning naryogʻiga oʻtib ketdi. Burhon bir chekkada yuzini teskari oʻgirgancha oʻtirardi. Sayim aroqning qolgan-qutganini quyib ichdi-da, endi men tomonga tizzalab keldi.
— Malik, unga aytib qoʻy, ahmoqlik qildi. U begunoh, bechora bir banda-ku! Bilsang, uning oldida men nopokman. Mening qoʻllarim qon, qon!..

U yer mushtlab yigʻlashga tushdi. Angrayib qoldim.
— Nima deyapsan, esingni yigʻ, — deyoldim zoʻrgʻa. Eryigit hayratlanib, bizga yaqin keldi.
— Esim joyida meni, Malikjon. Bilaman, sen ikkoving allaqachon meni noshud alkashga chiqarib qoʻygansizlar. Lekin, nima uchun shunaqa boʻp qolganimni bilmaysizlar. Oʻz zavq-shavqlaring bilan boʻp ketgansizlar. Burhon biladi, dardimni tushunadi.

Sayim gandiraklab borib, Eryigitga roʻpara boʻldi.
— Hov, birda, esingdami, afgʻonda boʻp kelding, gazetaga chiqaray, deding. Men koʻnmadim. Nega!! Negaki, men aytgan narsalarni hech yerda chiqara olmasding. Shuning uchun kerak emas, dedim. Nima deb oʻylagan boʻlsang, oʻylagandirsan. Lekin, men sen oʻylagan odam emasman. — Sayim koʻkragiga gursillatib urdi, — bor, juda koʻp orden-medallar. Chunki, men oʻng-tersimga qaramay tashlanar edim. Balodan ham qaytmasdim...

Sayim Eryigitga tikilib negadir jim qoldi. Eryigit tut tagida yotgan gʻoʻlaga choʻqdi. Dasturxon yuzida turgan ochik shishalardan birini olib suv ichdi. Sayim endi oʻzini bosib olib, ohista gap boshladi.
— Men oʻshanda sezdim, sen shoir boʻlsang ham, goʻdak eding, hech baloni bilmasding. Institutda nima oʻqitishgan boʻlsa, oʻshani gap deb yurarding.

Sayim Burhonning oldiga borib, tizzaladi. Yelkasiga qoʻlini qoʻydi. Va yana biz tomonga oʻgirildi.
— Lekin, aytib qoʻyay, mana shu bola mendan pokroq, mendan tozaroq, nega deysanmi?..

U birdan gap ohangini oʻzgartirdi.
— Aytmoqchi, sizlarga vatan xoini kerakmi? Dizertir, qochoq... Ayniqsa, sen shoirga kerak, mana, marhamat!.. — Burhonning yelkasiga qoqdi. — U afgʻondan qochdi. Sariq boʻlgan bitta bolani peshobini ichib, oʻziga kasal yuqtirdi. Qalay, zoʻrmi?.. Burhon joʻramiz ana shu ishdi qildi. Buyam holva, armiyaga bormaslik uchun, qornini yordirib, boshqatdan tiktirganlar bor. Haliyam tirik oʻshalar!..

Sayim yerga qapishib borayotgan Burhonning yelkasidan siltab tortib, oʻziga qaratmoqchi boʻldi. Burhon qimir etmadi.
— Qalay, joʻra, oxiri sotdim-a! Shuncha olib bergan aroqlaringning hurmatini qilmadim-a! E, alkashdan hech zamonda tuzuk odam chiqqanmi!.. Yoʻ-oʻq, joʻra, bari bir sen xoin emassan! Hech kimni sotmagansan. Faqat qoʻrqoqsan, xolos. Nima boʻlgandayam mendan battar emassan... Meni boʻlsa, qoʻllarim qon, qon!.. — Sayim yana jazavaga tusha boshladi. — Menga mana shu dushman, ot desa, otganim otgan edi. Surishtirib oʻtirmas edim. Endi boʻlsa faqat qon koʻraman. Koʻzimni yumdimmi, boʻldi, hammayoq qip-qizil qonga doʻnadi. Uyimiz oldidagi ariqdan qon oqib yotgan boʻladi. Kosa-kosa olib ichaman, toʻymayman. Yuragim yonib ketaveradi. Bir kun sen Malik, menga aroq quyib berding, qarasam, piyola toʻla qon. Nima bu, desam, tirjayding, tishlaring orasidan qon sizib chiqdi. Oʻgʻilchamning sut shishasi ichi toʻla qon, qiqir-qiqir kulib, ichib yotgan boʻladi. Bilmadim, men nima qilay, bu balodan qanday qutilay?! Faqat... boʻkib ichsam, tosh qotib uxlasam, ozroq kutilaman... Agar Burhon ogʻaynim kunimga yarab turmaganida qachonlar oʻlib ketgan boʻlardim... Televizorda koʻrgansizlar-a... — Sayim oʻrnidan turib, bizga yaqin keldi. — Televizorda choʻloq bolalar futbol oʻynaganini koʻrgansizlar-a? Toʻpga roʻpara boʻlishsa, moʻltoq oyoqlari sakrab ketadi. Moʻltoq qoʻllari sapchib tushadi. Shularni koʻra turib dod deb yubormaysizlarmi, dod deb!.. Odamzot uchun bundan ortiq azob bormi. Ana oʻshalar ham mening bittam — kechalari qon ichib chiqishadi...

Sayimning avji pasaydi. Behafsala qoʻl siltab, orqasiga qaytdi.
— Senlar ham yuribsanlar-da, shoirman, olimman deb. E!..

Burhonning qoʻltigʻidan oldi.
— Oʻzimdi fermer joʻram tuzuk. Ketdik, joʻra, yana bitta aroq obermasang, boʻlmaydi. Shoir kayfimni uchirib yubordi. Qani, tur...

Nihoyat Burhon boshini koʻtardi. Sayimning yuziga tikilib turib, oʻzidan nari itardi.
— Yoʻq, toʻxta... Meniyam mehmonlarga aytadigan gapim bor. Sengayam...

Tilga kirgan Burhonga ajablanib karadim. Eryigit ham boshini koʻtardi.

Sayim tushunmay koʻzlarini yirib-yirib ochib, unga tikildi-da, beixtiyor uning qarshisida tizzaladi.
— Sayim, oʻz ogʻzing bilan aytding-a, Burhon qarashib turmaganida oʻlib ketardim, deb. Aytdingmi?..
— Aytdim, joʻra, toʻgʻrisiyam shu-da.
— Manavi ogʻaynilaringni bittasini akademik, deb ogʻzingdan moy tomadi. Bittasini shoir deb poypatak boʻlasan. Qani, mard boʻlsang ulardi yuziga ayt: biror marta ahvolingni soʻrashdimi? Afgʻondan kontujin boʻp kepsan, doʻxtirga koʻrsataylik, sanatoriyaga yotqizaylik, deyishdimi? Nima, qoʻllaridan kelmasmidi?! Tagʻin, oʻsha men laqma, qoʻrqoq Burhon kuningta yaradim. Minnat emas bu! Manavilarga oʻxshab qoʻlim uzun boʻlganida oʻzim bilardim nima qilishni, qoʻlimdan kelgani shu boʻldiki, senga aroq oberib turdim. Obermasam boʻlmasdi, atir ichishga oʻtib ketayotgan eding. Toʻgʻrimi? Tagʻin aytaman, minnat qilmayapman. Bugun boʻlsa, mana shu ishim uchun meni qoʻrqoqqa chiqarib oʻtiribsan.

Sayim bosh koʻtarmay gʻoʻldiradi:
— Unaqa demadim-ku!..
— Aytding... Mayli, sen bilmasang, bechora xotining, onang biladi. Xudoyim koʻrib turibdi... Umuman sen uchalang, meni hech qachon odam oʻrnida koʻrmagansanlar.

«Ana boʻlmasa!»
— Sizlar a’lochi, sizlar abjir, sizlar botirsizlar. Men yomon oʻqiydigan, noshud, qoʻrqoq edim.
— Qoʻysang-chi, Burhon, — dedim men oʻrnimdan turib. — Toʻrtovimiz bitta koʻchani bolasi edik. Ahil edik...
— Ha, bitta koʻchaning bolasi edik. Lekin, meni hamma vaqt ajratib tashlardilaring. Yolgʻonmi? Bir kuni hatto yuzimga aytgandilaring, Burhonboy, bizlarni mozorimiz ham boshqa-boshqa deb.

Eryigit hayratlanib qaradi. Men xijolatli boshimni egdim.
— Sizlarniki qanaqa mozor, desam, mana bu Sayimboylaring, biz uchovimizga Chigʻatoydan joy zakaz qilingan, degandi. Men soddaning aqlim yetmabdi. Keyin bilsam, Chigʻatoy deganlaring, Toshkandagi ulugʻ odamlar koʻmiladigan qabriston ekan. Ana koʻrdilaringmi, mushtday boshlaring bilan hatto qabristonlaringniyam boshqa qilib olgandilaring. Bitta men bilanmas, ota-bobolaring bilan ham manovi Koʻmakrason bobo mozorida yotgilaring kelmagandi.

Boshimiz egilib qoldi. Yer yorilsayu, yerga kirib ketsak.
— Yana tagʻin ikki gapdi birida Xondara deysizlar. Koʻksoy deysizlar. Shotut bobo deysizlar...

Maktabni bitirar yilimiz, mana shu yerda shotut oldida suratga tushgan edilaring. Toʻrt ogʻayni bir suratga tushaylik, deganding, sen Malik. Yuragim qalqib tushgandi, meniyam aytayapti, deb. Keyin bilsam, shotutti qoʻshib toʻrt ogʻayni degan ekansan... Ogʻayni emish!.. Mana shu shotutga tili boʻlsa, aytsin: raisni, raykomni zugʻumlarini, bu qari daraxtni oldirib tashlang, deb buyurganlarini... Lekin, men — yomon Burhon qulogʻimni qattiqlikka olib yurganman. Oʻshalardi aytganini qilmaganman... Shiypon yonidagi shotutni koʻrdingmi, Eryigit? Mana shu shotut novdasidan olib borib, Bahrom boboga payvand qildirganman. Kishloq ichidayam ellikta shotut koʻkartirganman. Men — laqma Burhon qildirganman shu ishlarni. Agar bu kuyib kul boʻlib ketgandayam nasli davom etadi. Bitta emas, ellik bitta boʻlib!.. Senlar nima qildilaring shotutti ogʻaynilari!.. Sayim Burhonning yelkasidan tutib:
— Burhon boʻldi endi, yaxshi emas, mehmonlar, — degan edi, battar avjlandi.
— Kim mehmon, shularmi? Shu qishloqdi tugʻdi-bitdisi-ku bular, qanaqa mehmon?! Xondaraning bolalari-ku. Mehmon-mehmon deb, oyogʻini yerdan uzib qoʻyamiz-ku bularni!.. Manovi shotutti qara, kuyib ketgan boʻlsayam koʻkarib turibdi, yangi novdalar chiqaryapti. Nima uchun?.. Tomiri yerda, suvda. Bulardi oyogʻi yerdan uzilib qoladi-ku bu turishda! Tushunasanmi?! Odamlarim kun boʻyi Jarariqda daqqi oftobda chopiq qildi. Na unisi, na bunisi bir ogʻiz soʻradimi, odamlaring qaerda, ahvoli qanday deb! Yoʻq, esigayam kelmadi!..

Sayim Burhonning yoqasidan tutib, zorlana boshladi:
— Boʻldi dedim, Burhon, boʻldi qil, iltimos!..

Eryigit ularga yaqinlashib, Sayimni chetga surdi. Burhonning yuziga unsiz tikildi.
— Gapir, doʻstim, gapir, — dedi ovozi titrab.

Shunda kutilmagan hodisa yuz berdi. Burhon Eryigitning koʻzlarida jikqa yosh koʻrib, tildan koldi. Eryigit uning manglayiga manglayini qoʻydi. Burhon chidab turolmadi, uni bagʻriga bosib, baralla hoʻngrab yubordi.