OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Orziqul Ergash. Mantiq (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOrziqul Ergash
Asar nomiMantiq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Orziqul Ergash
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mantiq (hikoya)
Orziqul Ergash

Harchand urinmasin, suhbatdoshi chalgʻimadi.
— Boʻpti, aka, bu gaplarni qoʻying, foydasi yoʻq, — dedi shartta uning soʻzini boʻlib. — Ijoddan gapiring. Sizu bizdan qoladigani — ijod!

«Boshlandi, — dedi yuragi bezillab. — Ajab, sizu bizdan deyaptimi?»
— E, nimasini gapiray, Kozimboy. Bin narsalar qoralab yotibmiz. Sizga qizigʻi yoʻq...
— E! — Kozim hayratlangan qiyofada unga qadaldi. — Bizga qizigʻi yoʻqmi? Odamni xafa qilmang-da, Shavqi aka!
— Aytmoqchimanki...
—Sohangiz boshqa demoqchisiz, bilaman, — ogʻringan kuyi bir pas jim qoldi-da, keyin portladi. — Odamni bunaqa koʻkragidan itarish yaxshimas-da, aka, toʻgʻri soham boshqa, kasbim boshqa. Lekin, bu meni aybimmas-ku, xato qilib, adashib boshqa yoʻlga ketib qolganman.

«Adashganing omading boʻlgan, oshna!»
— Birinchidan, Kozimboy, bu taqdir, adashishmas, — dedi Shavqiddin nasihatomuz, ayni choqda suhbatdoshining qovushmayroq turgan muvaqqat gʻamzada qiyofasidan kulgisi qistab, — qolaversa, oʻsha adashib kirib qolganman degan sohangizdan yomonlik koʻrmadingiz, toʻgʻrimi? Shukur qiling.
— Bu gapingizam toʻgʻri, Shavqi aka, yomon boʻlmadim, — dedi bir zumda arazi tarqab, oʻziga kelib olgan Kozim yuzida ajabtovur mamnuniyat barq urib, kresloga yastandi. — Nolisam noshukurlik boʻladi. Lekin, shu... baribir koʻngilni bir chekkasi toʻlmay turadi-da, biyaqqa talpinib turadi-da...
— Ha, koʻngil ishi ogʻir, sizni tushunaman...
— Nima desamikin, hamishamas, shu ayrim paytlar ichimda gaplarim qaynab ketadiki, u yoq, bu yogʻi yoʻq. Shartta oʻtirib bir narsalar yozib tashlasam deyman. Lekin...
— Lekin, yurak qurgʻur pand beradi, — deya iljaydi Shavqiddin.
— Ha, aytganman, — kuldi Kozim. — Yurak qurgʻur hapqirib, oʻrnimdan sapchib turib ketaman. Agar oʻsha gaplarim qogʻozga tushsa bormi!..

Shavqiddin unga jiddiy tikildi. Bundan oʻzicha ma’no uqqan Kozim gapidan toʻxtab, unga umidvor turmuldi.
— Siz kotiba saqlashingiz kerak, — dedi Shavqiddin jiddiyatni yoʻqotmasdan. — Dostoevskiy shunday qilgan.
— Kim?
— Dostoevskiy. Eshitgansiz. «Jinni» degan romani bor.
— «Jinni»?..
— «Idiot»da... «Jinni» desayam boʻladi. «Telba», «Savdoyi», «Tentak» desayam farqi yoʻq. Mana bunday qalin kitob. Kotibasiga aytib yozdirgan. Bir oy, ikki oyda yozib tashlayvergan mana shunaqa kitoblarni.

Kozimning hayrati koʻzida chaqnab turgan esa-da, tiliga chiqarmadi.
— Birov yozib tursa oson-da, — dedi beparvo. Ichkari xonadan chiqib kelgan xotini bilan uy bekasini koʻrib, birdan joʻshdi. — E, man shunaqa narsalarni aytib berishim mumkinki, oʻgʻil bola gap, hozirgi teleseriallaringiz bir tin boʻp qoladi!..

Xotinlar stol yoniga kelib oʻtirishdi.
— Zerikib qolmadilaringizmi, — dedi uy bekasi va erining oldidagi choynakka qoʻl uzatdi. — Choy sovub qoptimi...
— Kozim akamgilar serial jinnisi boʻp qolganlar, — dedi mehmon ayol iljayib. — Boshlandi deguncha oʻrinlaridan turib ketadilar. «Chert poberi» deb u yoqdan bu yoqqa yurganlari yurgan.
— Voy, nimaga, Lolaxon, yomon koʻradilarmi? — choynakni olib oʻrnidan turgan Xosiyat hayron qolgancha joyiga qaytib oʻtirdi.
— Yoʻ-oʻq, yomon koʻrmaydilar, shekilli. — Juvon eriga erkali qarab jilmaydi. — Ichimdagi seriallarim qaynab ketyapti, deydilar. Qaynayverib qiyom boʻp ketdi-ku, qachon bu yoqqa chiqarasiz, desam qoʻyaver, vaqti keladi, deydilar. Kutib yurippiz qachon vaqti kelarkin, deb!..

Shavqiddin ayolning gapini kulimsirab eshitdi-da, Kozimga oʻgirildi.
— Sizga diktofon kerak ekan-da.
— Diktofon?
— Ha-da. Xonani ichdan berklab olasiz-da, tugmachasini bosib qoʻyib, u yoqdan bu yoqqa yurgancha gapiraverasiz. Soatlab gapirsangizam, miq etmay eshitadi, miq etmasdan yozib oladi. Keyin bir vaqt topib, qogʻozga tushirib olasiz.
— E, shunga yoʻqman-da, Shavqi aka, bilasizu!..
— Mana Lolaxon borlar.

Kozim ayoliga koʻz qirida qarab olib, pisanda qildi.
— Bizdi xonim tekinga oftobga chiqmaydilar.
— Ukangizga chiqimdan gapirmang, — eriga hamohang javob qildi ayol.

Kozim bilan Lolaxonlar qoʻshni «dom»da turishadi. Biri biridan pishiq-puxtagina er-xotin allaqachon yangi sharoit hadisini olvolishgan. Shaharning ikki gavjum yerida tijorat doʻkonchalari bor. Er sanepidstantsiya vrachi, xotin poliklinika hamshirasi. Erning daromadi reydlar orqasidan, xotinniki ishdan keyingi kazo-kazolar xonadoniga qatnashdan.

Ularning odmigina Shavqiddinlar xonadoniga rov boʻlganiga sabab — Kozim oʻziga adabiy hamkor topmoqchi. Ichidagi gaplarini qogʻozga tushirib, kitobmi, kinomi qildirmoqchi... Uch-toʻrt yil muqaddam ham Shavqiddinga bitta shunaqasi ilashgandi. Avvaliga u ham oʻzini adabiyot ixlosmandi qilib koʻrsatdi. (Har tugul Shavqiddinning bir-ikki hikoyasini oʻqigan ekan). Keyin bir qoralama tutqazdi. Shavqiddin uni qayta-qayta ishlab, hikoyanamo bir narsaga aylantirib bergandi, kosmik tezlikda gazetaga chiqib ketdi.
— Bu yogʻi tezlashib ketibdi-ku, — dedi hayratlanib Shavqiddin.
— Oʻrtoqlar qoʻllab yuborishdi. Bugun hujjatlarga qoʻshib, boshliqqa olib kirishadi.
— Qanaqa boshliqqa?
— Sizdan bekitadigan sirim yoʻq. Tuman maorifini olmoqchiman. Shunga yozuvchilik qobiliyatim bor, degan ma’noda qoʻshib berishadi. Reja amalga oshsa bir eriymiz, aka! Katta xizmat qildingiz.
— Hammollik qildingiz, deng!..

Shavqiddin bu gap-soʻzlarni Kozimga xoʻpam vaqtida aytgan ekan, haligacha uning tilini bogʻlab keladi. Hamkorlik qilsak boʻlardi, deyishdan nariga oʻtolmaydi...

Shavqiddin Kozimning silliq, xushbichim yuzlari, yakkam-dukkam oq oralamoqchi boʻlib turgan quyuq, sogʻlom sochlariga razm solarkan, istehzoli kulimsiradi.
— Xoʻsh, nima qildik, diktofon olamizmi?..
— Ha, oʻylab koʻrarman. Endi, aka, gap munnay. Anov kungi tanqidingizdan keyin shartta oʻtirdim-da, bitta hikoya yozib tashladim.
— Ie, boʻlarkan-ku!
— Aytaman-ku, ichimda gap qaynab yotadi, deb.
— Shunday qilib, hikoya yozdim, deng, — dedi Shavqiddin muddaoga oʻtaqoling, deganday. — Biror yerga topshirdingizmi?
— Oʻrtoqlarga aytgandim, kafeda ishlaydigan bittasi, tez opkeling, chiqartirib beraman, dedi.
— Kafeda ishlaydigan bittasi?..
— Ha, gazetachi tanishlari bor-da. Davosi bitta tushlik. Yaxshilab chuchvaraga toʻygʻazaman-da, qoʻliga tutqazib yuboraman, deydi.

«Ol-a, gazetachilarniyam xor qildi-ku!»
— Men ayttim, shoshmay tur, bitta akam bor, avval bir koʻrib bersinlar, dedim. Toʻgʻrimi, har holda birinchi asar. Ayrim soʻzlari gʻalamisroq (gʻalizroq demoqchi) boʻlishi mumkin.

Kozim shunday deya servant oldiga qoʻyib qoʻyilgan gazetani oldi.
— Boʻpti, gʻalamis joylarini toʻgʻrilaymiz, — dedi iljayib Shavqiddin, u bunaqa ajabtovur hamkorlikni tezroq bir nuqtaga yetkazishni istab qoldi.
— Bering, — deya qoʻl choʻzdi.
— Oʻzim oʻqib beraqolay, mediklardi xatini bilasiz, — Kozim shunday deya gazeta orasidan hashamdor «Ish daftari»ni oldi. — Oldindan aytib qoʻyay — boʻlgan voqea. Oʻtgan yilgi ta’tilda qishloqqa borganimda oʻzim guvoh boʻlganman...

«Oʻqib beraman» degan odam ogʻzaki hikoya qilishga tushib ketdi.

... — Umrzoq degan yigit bor, xolamning oʻgʻli. Bir sinfda oʻqiganmiz. Traktorchi. Matematikadan kallasi zoʻr edi. Toshkentga yur, narxozdami, selxozdami oʻqib kelsang, ishlaring besh boʻladi, deganman, koʻnmagan. Mamashkani koʻzim qiymaydi, degan. Baribir kampir oʻlib ketdi, armiyada edi, koʻrolmadi... Xullas, shu oʻrtogʻim gʻirt durak. Nechchi marta aytganman, ichma, ichma, deb. E, sen nima bilasan, ichmasam yonib ketaman, deydi. Eng yomoni — ichdimi, traktorini minib chopadi.

«O-ho, zoʻr gap: minib chopadi!»
— Nima, biror yerga urib optimi?
— Urib olganda-ku, oson edi, oʻrtoqlarni ishga solib tinchitib berardim. Bu durak oʻzini oʻzi mayib qilib qoʻydi.
— Qanday?
— Bir toʻyda boʻldik. Meni hurmatimga aroqni toʻkib tashlashdi. Ochiqchayam, bekitiqchayam opkelaverishdi. Umrzoq, baraka topgur, chanqab yurgan ekan, qaytarmasdan olaverdi-da. Toʻydan chiqib uyga keldik. Televizor oldida erib «Pole chudes»ni koʻrib yotsam, hovlida baqir-chaqir boʻp qoldi. Qarasam, Umrzoq koʻzini changallab, chopib yuribdi. Hech kimga tutqich bermaydi. Derazadan sakrab tushdim-da, shappa yoʻlini toʻsib toʻxtatdim. Qoʻlini koʻzidan kuch bilan ajratib qarasam, qon ketib yotibdi... Nima qipti deng, toʻydan qaytib, biz uyga kirsak u traktoriga aylanishibdi. Kabinasiga oyna oʻrnatmoqchi boʻpti. Qachonlar bittasidan oyna sotib olgan ekan, shuni ogʻilxonasidan topib chiqibdi. Bilasiz, oyna oʻrniga qoʻyilgach, yoniga rezina tiqib mahkamlanadi. Rezina tiqayotsa, oxiri qolganda otvertka tiygʻanib ketibdi-da, koʻziga sanchilibdi. Tag-tugi bilan oqib ketibdi... Xullas, shu voqeani hikoya qildim. Yaxshisi, oxirini oʻqib berayin-a...
— Maylingiz, — dedi Shavqiddin oʻychan.
— ... Uzoqboy, hovlida u yoqdan bu yoqqa voy-voylab yuguradi. Uning ovozini eshitib toʻplanganlar harchand yurak-bagʻirlari ezilmasin, unga yordam berishdan ojiz edilar... Ha, Uzoqboyning bu azobu ogʻriqlari hali kelajakda uni kutib turgan iztirobu afsuslari oldida hech narsa emasdi...

Kozim daftarini yopdi-da, stol ustiga qoʻydi. Shavqiddin yerdan koʻz uzmadi. Uning holatini oʻzicha tushungan Kozim ayollarga iljayib qarab qoʻydi.
— Qalay, xulosa zoʻrmi, kennoyi?.. Aytmoqchimanki, endigi butun umri afsusda oʻtadi. Lekin, afsusdan foyda yoʻq!..
— Ha, bechoraga ogʻir boʻpti, — dedi Xosiyat achinib.

Shavqiddin boshini koʻtardi.
— Keyin nima qildilaring? Doʻxtirga qaratdilaringmi? Siz mediksiz, bilsangiz kerak, ikkinchi koʻzgayam zarari tegishi mumkin.
— Ha, kasalxonada yotib chiqdi, — dedi Kozim hafsalasiz, u hikoyasi xususida fikr eshitmoqchi edi-da. — Oʻzim yotqizdim. Oʻrtoqlar yaxshi qarashdi.

«Yana oʻrtoqlar!»
— Lekin, oʻziniyam yomon soʻkdim. Sen durak oʻzingga oʻzing qilding, dedim. «Qoʻyavering, joʻra, peshonamda bor ekan», deydi. Qarangda, oʻzidan koʻrmaydi!..
— Keyin siz feleton qildingiz.
— Hikoya deng.
— Aytmoqchi, hikoya...
— Odamlar oʻqisin, bilsin, dedim-da.
— Boʻlangizning nogiron boʻlib qolganinimi?
— Yoʻgʻ-e, ichkilikning kasofatini!..
— Ha, toʻgʻri, bilib qoʻyishsin.
— Xoʻp, nima qildik, koʻrib berasizmi?.. Aytmoqchi, haligi oshpaz oʻrtogʻim tanirkan sizni. U odam redaktirovat qip bersa, chiqishiga garantiya bor, dedi. Avtoritetingiz zoʻr ekanu, bildirmas ekansiz-da, aka. Bundan keyin sizni qoʻymaymiz!.. Xoʻsh, nechchi kun kerak sizga?..
— Tushunmadim.
— Nechchi kunda koʻrib berasiz, deyapman.. Bizdayam qop ketmas, aka!.. Birinchi asar, ichim yonib boryapti-da. Tushunasiz-ku oʻzingiz...
— Tushunaman, — dedi Shavqiddin qoshini chimirib. — Mayli, koʻrib beraman. Faqat bitta shart bilan.
— Ayting. Ha, gonorar toʻliq sizniki.
— Oʻsha qahramoningiz, Uzoqboy deysizmi, boshqami, koʻr boʻlib qolishiga tuzukroq bir mantiq topib berasiz.
— Mantiq?..
— Ishonarli dalil, sabab.
— Sababi, ichkilik-da.
— Yoʻq, ichkilik sabab emas!
— Qoʻysangiz-chi, aroq ichmaganda traktoriga unnamasdi.
— Traktorchi boʻlgach, unnaydi-da.
— Toʻgʻri, lekin oʻsha palakat oyna esiga tushmasdi. Demak, aroq sababchi.
— Kozimboy, doʻstim, har bitta hodisaning bizga koʻrinadigan, koʻrinmaydigan sabablari boʻladi. Botiniy, zohiriy deyiladi. Biz zohirni koʻrib baho beramiz...

«Obbo, Rumiydan keldingiz-ku!»

... — Zohirni koʻrib baho berganimiz uchun xato qilamiz. Zohir tashqi tomon degani...
— Gazetchilar injiq xalq boʻladi-da. Boʻpti, soddaroq qip tushuntiring-chi.
— Mantiqnimi?.. Yaxshisi, bitta voqeani aytib beraman... Bir odamning hovlisidan ariqcha oʻtarkan. Suv bu yoqdagi devor tagidan chiqib, nargisining ostidan qoʻshni hovliga oʻtib ketarkan. Haligi odam gʻozlarga ishqivoz ekan, gʻoz boqarkan...Bir kuni qarasa, gʻozlari devor tagida gʻuj boʻlib olib, gʻo-gʻoqlab shovqin koʻtarayotgan emish. Nima gap ekan, deb yugurib borsa, gʻozlar suvda oqib kelgan qoʻshni bolakayning oldini toʻsib turganmish. Darhol bolani suvdan koʻtarib olibdi... Mana shu voqeani qanday izohlaysiz?
— Juda oson... Gʻozlar qiziquvchan boʻladi. Nima ekan deb oʻrab olishgan-da.
— Qutqarib qolishgan. Agar devor tagidan oʻtib ketganida tamom ekan, qoʻshni hovlida odam yoʻq ekan...
— E, bu bir tasodif, — behafsala qoʻl siltadi Kozim.
— Yoʻq, tasodif emas ekan, — dedi Shavqiddin, keyin ayollarga qarab davom etdi: — Shu bolasiga ogʻiroyoq paytida ayol kuniga uch mahal ham dasturxonini gʻozlar oldiga keltirib qoqarkan. «Atay darvozadan aylanib kelardim, hovuch-hovuch donlar separdim. Xudoyimdan aylanay, shugina jonivorlari bilan bolajonimni asrab qoldi...» deb yigʻlaganmish.

Ayollar hayratlanib bosh tebratishdi.

Kozim istehzoli kulimsiradi.
— Gapti rosti, mustaqillikdan keyin hammamiz xudojoʻy boʻlib ketdige!.. Sizday odamni shunaqa uydirmalarga ishonib yurganiga qoyil qolmadim... Xoʻp, hikoyani nima qildik endi? Dangal bir narsa deng!
— Oʻsha gap. Mantiq bilan asoslab bering, tahrir mendan.
— Boʻlam koʻziga otvertka suqib olgan. Mast boʻlgan. Mastlikda traktoriga yopishadigan durak odati boʻlgan. Mantiq ham, sabab ham shu!.. — dedi Kozim qizishib.
— Tashqaridan qaraganda shunday, — dedi Shavqiddin osoyishta ohangda. — Lekin, tagida boshqa narsa boʻlishi kerak. Beamri Xudo tikan ham sanchilmaydi, deyishadi. Bunday jazo behudaga berilmagandir. Biror gunohi bordir, qargʻish olgandir.
— E, unaqa bola emas, bilaman.
— Yo boʻlmasa, hazil-chin aralash birorta nogironni aybsitgan boʻlishi mumkin. Misol uchun aytayapman-da. Balki...
— Ha, ha, shunaqa qilardilar, — deb yubordi Kozimning ayoli birdan jonlanib.
— Nima deyapsan, — deya Kozim oʻqraydi.
— Ma’ruf akani Ma’ruf qori, deb kulib yurardi-ku!
— Hazil qilardi, ichida kiri yoʻq bola u.
— Boʻpti-da, — dedi Lolaxon oʻz topilmasidan hayajonga tushib. — Oʻsha Ma’ruf aka deganimizni koʻzi xiraroq. Tez-tez shapkoʻr boʻlib qoladi. Qishda jigar, yozda anjir yeb oʻziga kep oladi. Shu bechorani oldi-orqasi Ma’ruf qori, deb yurardi. Dili ogʻrigan ekan-da baribir...

Shavqiddin yosh boladay quvonib ketdi.
— Koʻrdingizmi, ogʻayni, dunyoda tasodif yoʻq!

Oʻz navbatida Kozim ham miyasiga urgan fikrdan koʻzlari chaqnab, tantanali ravishda dedi:
— Bundan chiqadi hamma koʻzi ojizlar qargʻish tekkan odamlar ekan-da?!
— Aslo!.. Hech bir gunoh qilmasdan, birovga ozor bermasdan ham falokatga uchrash mumkin!
— Mantiqsiz-a?!

«Tuzuksan-ku, ogʻayni!»
— Oʻshanda ham mantiqsizlik boʻlmaydi, — dedi Shavqiddin xotirjam jilmayib, — hikmati keyin chiqib keladi.

Kozimning oshkora iljayib turganidan javob yetarli boʻlmagani sezildi.
— Misol bilan tushuntiray: bir tanishim bor. Mashina urib ketib, ikki oyogʻidan ajragan. Ishonasizmi, shu yigit nogiron boʻlib qolganiga shukr qiladi. Nega desangiz, toʻrt muchasi sogʻligʻida piyanista, bangi bir kimsa edi, oʻzidan yolchimasdi. Hozir endi nogironlar aravachasida yuradi. Lekin, kattagina korxona egasi. Ellik ishchisi bor. Qiziq-da, falokat sharofati bilan es-hushini yigʻib oldi shu odam. Demak, hikmat ana shu nuqtada. Zora Uzoqboy akayam qargʻish bilanmas, Xudoning marhamati bilan koʻzidan ajragan boʻlsa...
— Aytganingizday boʻlsin ishqilib, — dedi Kozimning ayoli achinish bilan, — joʻjabirday jon. Haytovur ichmayapti-ya endi?
— A?!
— Boʻlangizni aytaman, ichmay qoʻydi shekilli?..
— Bilmadim, — dedi Kozim parishonlik bilan keyin oʻzini yigʻishtirib, qoʻl siltadi. — E, u durak gapni olmaydi!..

Shunday deya stol ustida e’tiborsiz qolgan daftarini olib, gazetaga oʻradi.
— Znachit boʻlmaydi, deng...
— Nega boʻlmas ekan, men soʻz berganman. Mana birgalashib (ayollarga qarab olib) mantiqni topganday boʻldik. Bu yogʻi oson...

Shavqiddin Kozimning qoʻlidan daftarni oldi. Oldi-yu, nimaningdir istiholasida bir lahza ikkilanib turdi. Keyin er-xotinning tashvishli nigohini tuyib, iljaydi.
— Zarari yoʻq, boʻladi, — dedi.

U keyingi yillarda oʻzi yetib kelgan aqida haqligiga bugun yana bir karra amin boʻlib turardi. Shu boisdan koʻngli benihoya yorishgan, har qachongidan koʻra marhamatli, kechirimli, xokisor boʻlib borardi...