OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOtajon Norov
Asar nomiAdabiyot oʻladimi? yoxud Shukur Xolmirzayevning mangu savoli
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Otajon Norov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Adabiyot oʻladimi? yoxud Shukur Xolmirzayevning mangu savoli
Otajon Norov

1

Bundan roppa-rosa yigirma yil ilgari, mustaqilligimizning dastlabki kunlarida taniqli yozuvchi Shukur Xolmirzayevning «Adabiyot oʻladimi?» maqolasi keng adabiy jamotachilikda jiddiy bahs-munozara uygʻotgan edi. Ushbu savol hanuzgacha adabiy tanqidchlilik, adabiy davralardagi boʻlgan munozaralarda e’tibordan tushmay kelayotir. Xoʻsh? Shukur Xolmirzayev maqolasida nima haqida fikr yuritgan ediki, yillar oʻtsa-da, adibu shoirlar, olimu ziyolilar ushbu savolga bot-bot murojaat etib kelmoqda? Savollar bisyor, javoblar esa turlicha. Masala mohiyatiga teran nazar tashlasangiz, hech ikkilanishsiz aytish mumkinki, yozuvchi adabiyotning oʻlish-oʻlmasligi emas, muhimi boshqa bir masala xususida iztirob chekkanligi ayonlashadi. Sobiq ittifoq davri adabiyoti mafkura zugʻumi ostida, nazoratida yaratilgani, shu maqsadda yolgʻon shiorlar bilan inson tafakkurini parvarish qilishga uringani, bu maqsadlar insonni, insoniyatni, millatni, millat, elatni, elatligidan, tabiiy yashash, madaniy urf-odatlari, qadriyatlari, tili, dinidan mosuvo etib, mutlaqo qaram, xalqqa aylantirish yotganini barchamiz yaxshi bilamiz. Qancha suvlar oqib ketdi, qancha tuzumlar, davrlar oʻzgardi… Shunday ekan, «Adabiyot oʻladimi?» mash’um savolning tugʻilishi, botinimizdagi bir ehtiyoj zamirida yaratilgan ediki, bu kabi savol yozuvchini uzoq yillardan buyon oʻylantirib, tinimsiz mushohada yuritib kelgani ayni haqiqatdir…

Mustaqillikka erishgandan keyingina yozuvchi koʻnglidagi pinhon hasratlarini, dardu iztiroblarini roʻy-rost, dangal ayta oldi. Chunki, sobiq tuzumning bitta sharti bor ediki, ushbu shart: «qaysi mavzuda asar yaratilmasin, unda sovet kishisining orzulari, armonlari, oʻy-kechinmalari tasvirlanmogʻi kerak» degan. Eslang, Qodiriy, Choʻlponu Fitrat, Behbudiyu Usmon Nosirlarni, millatimiz gultojlarii mustaqillik, erk, ozodlik uchun yonib yashagan edi. Bulardan tashqari yuzlab begunoh millat ziyolilarining aql tafakkuri kesib tashlandi, yoʻq qilindi…

Shukur Xolmirzayev ushbu mangu savoli bilan oʻzbek adabiyotining abadiy kelajagi, nurli manzillari uchun oʻylab bitgani, qaysi mezonlar asosida ish koʻrmoq kerakligi xususidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashadi… Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov «Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor» risolasida shunday deydi: «Tabiiyki, davr taqozosiga koʻra, yozuvchilar yashash uchun, oʻz iste’dodini roʻyobga chiqarish uchun kommunistik tuzum bilan murosa qilishga majbur boʻlgan. Shu ma’noda, mustabid tuzum davrida vijdon azobini kim koʻproq tortgan, desa, men, doimo bu hayotning ma’no-mazmuni, insonning qadr-qimmati, el-yurt taqdiri haqida qaygʻurib yashaydigan odamlar va ularning oldingi qatorida boʻlgan ijod ahli, deb aytgan boʻlardim». Yurtboshimiz ta’kidlagan teran fikrlar haqiqatan ham adabiyot fidoyilari (haqiqiy san’atkorlar) haqidagi gʻamxoʻrlik masalasi birinchi navbatda, mustaqillik tufayli erishilgan eng katta boyligimiz – fikr erkinligi, soʻz erkinligi boʻlganligini asoslab beradi. Kechagina qalbu yuragimiz temir qafasda, tilimiz bir soʻz deyishga hadiksirab turardik. Shukurki, mustaqil boʻldik. Endigi qilinadigan va qilinishi mumkin boʻlgan ezgu ishlarimiz nimalardan iborat? Inson ruhiyatini, millat hayotini, kashf etuvchi soʻz san’ati – Adabiyotimizning ahvoli qanday kechadi? Yozuvchi Shukur Xolmirzayev ana shu kabi gʻoyat iztirobli mangu savolga oʻz qarashlarini teran tahlilu dalillar bilan bayon etadi… Oʻsha paytda munozaraga adibu shoirlar, munaqqidlar turlicha qarashlar bilan oʻz mulohazalarini bildirib oʻtadi. Akademik Matyoqub Qoʻshjonov esa bu borada yozuvchining xolis niyatini toʻgʻri tushunib, munosabatini bildiradi: «Bu ma’ruzani gʻoyat miriqib eshitdim. Unda adabiy jarayon va adabiyotimizning ahvoli pishiq-puxta va hamma jarayonlari tahlil etilgan. Bundan quvondim va ayni paytda keyingi yetti-sakkiz yillik bosib oʻtgan yoʻlimizga achindim ham. Chunki biz shu davrda ur-surlar, algʻov-dalgʻovlar ichida yuraverib adabiyotimizdan yiroqlashib ketgan ekanmiz…»

Oʻzbekiston oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritganiga yigirma yil boʻldi. Shu qisqa vaqt – asrlarga teng yillarda barcha sohada, xayrli, ezgu ishlar amalga oshirildi. Xususan, adabiyotimizga esa yangicha ohang, yangicha ruh kirib keldi. Bu borada fikr yuritadigan boʻlsak, birgina 20 yil ichida bir yuz ellikdan ortiq roman yaratilibdi. Hikoya va qissalarni aytmaganda, bu koʻrsatgich yaxshi holatdadir. Lekin sifat masalasiga kelsak, ba’zilari oʻqilmasdan yoʻqolib ketmoqda…

…ana oʻsha romanlar ichida xalq mehrini, kitobxon muhabbatiga sazovor boʻlgan asarlar bor. Bular hanuzgacha e’tibordan chetda qolmay ziyoli va oddiy oʻquvchi qalbiga birdek yoʻl topib, ma’naviy bisotimizni boyitib kelmoqda. P.Qodirovning «Ona lochin vidosi», Sh.Xolmirzayevning «Dinozavr», T.Murodning «Otamdan qolgan dalalar», X.Doʻstmuhammadning «Bozor», Sh.Boʻtayevning «Qoʻrgʻonlangan oy», U.Hamdamning «Muvozanat», L.Boʻrixonning «Jaziramadagi odamlar» kabi oʻnlab romanlar munaqqidu olimlar tomonidan ijobiy baholandi, bu borada muayyan jiddiy tadqiqotlar, oʻquv qoʻllanmalar, darsliklar yaratildi.

2

Yozuvchi Sh.Xolmirzayev mash’um savolning bir joyida «bozor adabiyoti» degan tushunchaning kirib kelishi va buning zararli tomonlari xususida ham fikr yuritadi. Bizning nazdimizda «bozor adabiyoti» degani shunday narsaki, xaridorgir, yengil-elki asarlar kitob rastalarnini tamomila egallab oladi. Yozuvchi ham oʻquvchining ta’b-didiga moslabgina asarlar yaratadi. Lekin bunday qilish real mantiqqa zidki, bora-bora haqiqiy adabiyot bilan yengil-elpi koʻcha adabiyotining orasidagi masofaga putur yetadi. Bu degani shuki, kitobxonga millat ruhiyatini aks ettiruvchi asarlar emas, tezda hazm boʻladigan, qalbu yuragini tezda zavqu shavqqa toʻldiradigan, xayolini bir damgina band etadigan «voqealardan iborat» asarlar suv va havodek zarurligi ayonlashadi…

…ayonki, keyingi oʻn yilliklar adabiy mahsulotlari ichida bozor adabiyotining oshigʻi olchi boʻldi. Chunki, shu oʻtgan oʻn yilliklarda yuzlab detektiv, mistik, fantastik, kriminalistik asarlar paydo boʻldiki, nomlari turfa xil, faqat bitta gʻoya oʻquvchini oʻz izidan ergashtiradi, bu ham boʻlsa – hayotda boʻlmagan narsalar, roʻy bermagan jarayonlar, jinoyatlar, firibgarliklar, soxtaliklar xususida toʻqib chiqarilgan syujetlar edi. Yozuvchining nima haqida, nima demoqchi kabi savollarga oʻzlari ham toʻliq javob berolmay, «oldi-qochdi» voqealar bilan kitobxonni «aldashga» urinishi aqli bor ijodkor uchun eng katta gunoh ekanligini nahotki bilishmasa?! Shukur Xolmirzayev ana shu masalaga befarq boʻlmaslikka, haqiqiy adabiyot bilan «koʻcha adabiyoti»ning farqiga borishga chaqiradi…

…chaqiradiki, oʻzi e’tirof etganidek, adabiyotni bunday viruslardan tozalab turish uchun tanqidchi-mutarjimlarni ham shunga da’vat etadi… Rosti-da, «oʻzingga ravo koʻrmaganni, oʻzgaga ham ravo koʻrma» deb bitilgan muqaddas hadislarda…

Bozor adabiyoti xususida bahslashish katta mavzudir. Lekin shunday boʻlsa ham bir-ikki nazariy qarashlarni oʻrtoqlashish adolatdan boʻlar…

3

Nisbatan qisqa vaqt ichida madaniy hayotimizda mislsiz oʻzgarishlar, keng koʻlamdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Bunda muhtaram Yurtboshimizning oqilona siyosati – bozor iqtisodiga oʻtishning oʻzbek modeli va bunda aql bilan, juda puxta oʻylab qilinishi gʻoyat zarur jihatlar oʻzining samarasini berib kelyapti. Xususan, birgina badiiyat sohasi – adabiyotimizda katta evrilishlar boʻy koʻrsatmoqda. Lekin, bozorbop asarlar, xiyla chaqqanroq chiqdi. Bunga zamin hozirlagan kayfiyat bir kunmas bir kun, oʻz taqdiri – ertangi hayoti oldida mungʻayib qolishini mualliflar ham juda yaxshi bilardi… ammo, ilk asarlari juda katta shov-shuvlarga sabab boʻlgan keksa yoshdagi adiblar ham «fahsh», «nayrangbozlik», «jinoyat», «mafiya» xususida bichib-chatib, katta-katta romanlaru qissalar yoza boshladi va yengil-elpi adabiyoti koʻchasiga bir yumalab oʻtib oldi… Sabab – shuning ketidan manfaat, obroʻ, boylik va nom qozonish yotganligi – zamirida oʻsha niyat bir tosh naridan qiyofasini namoyon etib turadi… (Masalan N.Ismoilov, H.Temirov, S.Boʻri… bu roʻyxatni yana davom ettirish mumkindir, lekin buni sanab adogʻiga yetish mushkuldir!)

«Bozor adabiyoti» degan atamaning xuddi metoritday yoppasiga bostirib kelishi – koʻngil va ruhning nozik pardalariga jiddiy ta’sir etishidan nega choʻchimasligimiz kerak?! Biz «oldi-qochdi», «engil-elpi» asarlar bilan oʻzimizni aldamasligimiz kerak. Hozir kitob oʻqiydigan oʻquvchi juda kam deya matbuotda ham, televideniyeda ham, munozaralar tez-tez quloqqa chalinib turibdi. Balki shunday deyishdan oldin yoshlarni eng goʻzal, oʻqimishli, mustaqil fikrlashga, tafakkurimizni boyitishga oʻrgatadigan asarlarni oʻqishga chorlashimiz juda ham zarurdir… Shukur aka butun ongli hayotini Katta Adabiyotimizning nurli kelajagi uchun chaqirib, oʻzi esa shunga Ibrat koʻrsatib yashadi. N.Ismoilovning «Burgut togʻda ulgʻayadi» degan sarguzasht qissani yana 20 yildan keyin oʻqilishiga kim kafolat bera oladi? Agar oʻquvchining ta’b-didiga moslab yozishda davom etilaversa, demak, bu narsa oqibatda juda katta zararlar keltirishi mumkin. San’at inson ruhiyatini tarbiyalashi, uning hayotdagi intilishlariga monand ragʻbat uygʻotmogʻi, millat hayotidagi jiddiy evrilishlarni haqqoniy koʻrsatib bermogʻi kerak. Shunday ekan, xususiy gazetalardagi «hikoya», «qissa», «roman» janri ostida chop qilinayotgan haligidek asarlar oʻquvchilar qalbida «demak, hikoya bundoq boʻlarkan, roman andoq boʻlarkan» degan tasavvurni uygʻotmaydimi?..

Bundan besh yuz yil narida yaratilgan Navoiyning «Xamsa»sini oʻqiydigan kitobxonning oʻsha asarlarga boʻlgan ehtiyoji hech qachon soʻngan emas! Uni oʻqigan oʻquvchi oʻsha asar qahramonlaridek ezgu fazilatli boʻlishga oʻzida kuch va ragʻbat topadi ham… Farhodu Shirinlar, Layli va Majnunlarning bir-biriga boʻlgan mehr-muhabbati, olijanobligi, jasorati, mardligi, insoniyligi har birimiz uchun ibrat namunasi emasmi? Masalan Nuriddin Ismoilovning «Mafiya sardori»ni ( uch kitobdan iborat roman) oʻqigan oʻquvchi «hayot shunday ekan» deya mafiya, jinoyat yoʻliga kirib ketmasligiga kim kafolat beradi? Adabiyot esa aslida insonni ezgu yoʻlga chorlashi kerak!

Mavzu ichida bitta manbaga murojaat etishni ma’qul koʻrdik. Shukur aka adabiyot haqidagi suhbatida shunday deydi: «Bir kuni Anton Pavlovich Chexov shogirdi Bunin bilan Qora dengiz sohilllarida sayr etib yurib, ittifoqo toʻxtab qolishadi. Tolstoy… Lev Tolstoy suv yoqasidagi bir qoyada qoyadek boʻlib oʻtirganmish. Oppoq soqollari yelpinib, yelkalariga ucharmish. Chexov oʻziga xos nazokat va doʻxtirlarga xos xotirjamlik bilan debdi: «Ivan Tolstoy qaridi. Yaqinda oʻladi. Bilasanmi, uning oʻlimi meni unchalik hayajonga solmaydi. Boshqa narsa hayajonga soladi: adabiyotimizda qalangʻi-qasangʻi yozuvchi, xom-xatala asarlar bodrab ketadi. Didning buzilishi boshlanadi. Demak, odamga ziyon yetadi… Tolstoyning avtoriteti adabiyotimizni ana oʻsha loyqa oqimlar bosqinidan asrab turibdi hozir…»

Aleksandr Titov aytmoqchi, «gʻoya adabiyotning yuragi, uning ruhidir. Agar gʻoya boʻlmasa odamlarda xuddi yaltillagan choʻgʻlar singari yoki tunda daryolar yuzida tovlanadigan pufak yangligʻ faqat Tangri ato etgan uchqunlargina qoladi». Bizning adabiyotimiz har qachongidan mavzu-mundarijasi, shaklu uslubidan ham jiddiy farqlanib ulgurdi. Zamondosh inson qismati tasvirlangan asarlar suv va havodek zarurdir. Busiz did oʻtmaslashadi, tafakkur olgʻa siljimay qoladi. Shukur akaning mangu savoli ham ana shu kabi iztiroblar ogʻushida tugʻilgan edi. Titov boʻlsa yaqindagina «Adabiyot keraksiz boʻlib qoldimi?» savoli bilan maqola yozgan edi. Shukur aka esa bundan yigirma yil ilgari bu mavzuda bahs-munozarani boshlab berdi. Ayniqsa, oʻzimizda va boshqa gʻarb, uzoq sharq davlatlarida hukm surayotgan «kayfiyat»ga ilmiy mezonlar, faktlar bilan murojjat etib asosli ravishda isbotlab bergan edi…

Shukur aka adabiyotning oʻlmasligini bilardi… lekin u kishini tashvishga solgan yuqorida nomlari keltirib oʻtilgan «Bozor adabiyoti» yaratuvchilari kabi asarlar urchib ketishidan xavotirlanar edi…

…xavotirlanar ediki, oʻzlari chogʻroqqina chaylasi – Doʻrmondagi ijodxonasidan chiqmay «yo-ti-ib» yozaverdi. Erkin A’zam aytmoqchi, «oʻqisa oʻqisin, oʻqimasa – otasining goʻriga…»

Endi mash’um savolning mangu iztiroblariga qaytsak. Har bir asar yozuvchining qalbidan tugʻilgan «farzandi». Shunday ekan ommaning badiiy kitob oʻqishga boʻlgan ehtiyoji har qanday (sivilizatsiyaning eng yuksak choʻqqilariga chiqqan) davrlarida ham tugʻilaveradi… Yoshlar nasri, nazmi, adabiy-tanqidiy chiqishlarida hali mahoratning egallanmagan koʻproq mutolaani talab qiladigan jihatlari koʻzga tashlanadiki, boya aytganimizdek «Adabiyot oʻladimi?» mangu savolga munosib javob boʻladigan asarlari deyarli uchramaydi-da!!!

Katta avlodni qoʻya turaylik, oʻzimizning tengqur qalamkashlarning badiiy izlanishlarida achinish hissi koʻngilga bir dam tinchlik bermaydi. Biz Yurtboshimizning yaratib bergan cheksiz imkoniyatlaridan, oqilona foydalangan holda, Mustaqil Oʻzbekistonimizning BUYuK adabiyotini xuddi sport yangligʻ dunyoga tarannum etishimiz darkor. Va, shunga mahkummiz! Adabiyotni qismatim deb bilgan yozuvchining IBRATLI ijod jarayonidan, yaratgan asarlaridan oʻqib, uqib oʻrganishmiz va jahonbop asarlar yaratishimiz eng dolzarb masalalardan biridir…

Katta avlodga munsub adabiyot ilmi bilan shugʻullanib kelayotgan ziyolilar «Yaxshi asarlar yaratilmayapti» deya bot-bot gapirib turibdi. Lekin bunga qoʻshilib boʻlmaydi. Yaxshi asarlar, jahonbop asarlar yaratilmoqda, ammo boshqa bir jihati kishini oʻylashga undaydi. Biz yaxshi asarlarni sevib mutolaa qiladigan, kitobxonlarni tarbiya qilishimiz kerak…

Sababki, har bir davr adabiy mahsuloti oʻsha davrning kayfiyatini ifodalaydi. Kayfiyat esa har kimda har xil kechadi. Internet ommalashdi. Hozirda internetsiz hayotini tasavvur etolmaydigan bir avlod shakllanib ulgurdi. Bu borada jiddiy ishlarni amalga oshirish zarurdir…

Adabiyot insoniyat tafakkurini, uning hayotdagi oʻrnini, orzu-armonlariyu, maqsad-intilishlarini oʻzida jo etgan Ilohiy san’atdir. Bizning ana shu pogʻonaga yetishimiz uchun ne-ne ezgu ishlar amalga oshirilmadi. Endilikda shunga monand, shunga munosib javob berishimiz uchun tinimsiz izlanmogʻimiz kerak. Shukur Xolmirzayevning mangu savoli mangu savol boʻlib qolaveradi…

Eng asosiysi bizlar (tengdoshlarim nazarda tutilyapti!) koʻp asarlik va boy katta adabiyotimizning yorugʻ kelajagini sitqidildan oʻylaydigan boʻlsak, yozmaslikni oʻrganmogʻimiz kerak. «Bozor adabiyoti» havaskor adibu shoirlari ana shu masalani oʻzlariga farz qilib olsa ADABIYOT uchun eng katta xizmat qilgan boʻladilar…