OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Otauli. Badal (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOtauli
Asar nomiBadal (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Otauli
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Badal (hikoya)
Otauli

Mana, bir yildirki, Halil yoʻq oromini battar yoʻqotdi. Na yotishida halovat bor, na turishida. Marraga yaqinlashib qolgani keyingi uch-toʻrt kun ichida-ku, qoʻyaverasiz. Xayolan nimalarnidir xomchoʻt qiladi, qayta-qayta hisoblab koʻradi. Uzzukun bir narsani oʻylaydi: «Qachon bu boshi-keti yoʻq tashvishlardan qutulib, ilmiy ishimni davom ettirar ekanma-a? Qachon shunday kun kelar ekan?» – deya iltijoli savol beradi oʻziga.

Hammasi kutilmaganda boshlandi. Roppa-rosa bir yil ilgari – ayni mana shunday imtihonlar paytida direktorlari Zufar Xolmatovich oldiga chaqirtirib, achinish aralash xayrixohlik bilan tikilar ekan:

– Siz ijarada turasiz-ku, dom olish niyatingiz bormi? – deb soʻrab qoldi.

Halil avvaliga tushunmadi. Yuragi bir orziqib, bamisoli urishdan toʻxtab qolganday boʻldi. «Nahotki maktabimizga kvartira ajratilgan-u, uni menga ravo koʻrishgan boʻlsa?! Yoʻgʻ-e. Bunga ishonish qiyin! Yo… matematika oʻqituvchisi Bolta akaning kishini tahqirlovchi «hazil»laridan emasmikin?». U ich-ichidan quyilib kelayotgan hayajonini bosishga urinib, oʻzicha hazil qilgan boʻldi:

– Niyatimiz emas, orzuimiz bor! – dedi ma’noli kulimsirab. Soʻng dangaliga koʻchib qoʻya qoldi. – Nima edi, menga dom bermoqchimisizlar?

– Albatta-da! – direktor oʻrindiqqa yastanar ekan tanti qarash qildi. – Yana unaqa-bunaqasi emas, kooperativniysi! Ozgina pul chiqin qilasiz-u, qarabsizki, bosh-butun oʻzingizniki-da!

Halilning birdan hafsalasi pir boʻldi. «Men nima gʻamdaman-u, qoʻbizim nima deydi» – oʻyladi oʻzicha ensasi qotib.

– Kooperativga chogʻimiz kelmas-ov. Yana bir oz tura turaylik-chi, u yogʻi bir gap boʻlar – deya chiqib ketmoqchi edi, direktor toʻxtatdi:

– Tagʻin oʻzingiz bilasiz, uka! – dedi rasmana oʻtirib, uni oldiga imlab chaqirar ekan. – Bilsangiz, bu ham yaxshi imkoniyat. Maorifchilarga atab uy qurilmoqchi ekan. Maktabimizdagi talabgorlar uchun bitta kvartira ajratishibdi. Hozircha ariza-yu hujjatlarni toʻplab, pulini keyinroq olishar ekan. Yaxshilab oʻylab koʻring, uka!

Halil «Mayli, oʻylab koʻraman» deb chiqdi-yu, oʻsha kuni haqiqatan ham xoʻp «oʻylab koʻrdi». Darsini tugatar-tugatmas xujralariga oshiqdi. Bu gapni Xayriga aytdi hamki, boʻldi, boshiga balo orttirdi! Nimagayam aytdi shu gapni Xayriga oʻzi? Indamay, ertasiga borib direktorga «Yoʻq, bizga toʻgʻri kelmas ekan» deb qoʻya qolgani ma’qulroqmidi. Oʻshanda eshitdi-yu, u hovliqma bosar-tusarini bilmay qoldi. «Voy, qanday yaxshi! Birovlarga sigʻindi boʻlib oʻtirganimizda uy berishadi-yu, olmaysizmi, pulini bir amallab toʻplarmiz, kelinlik seplarimni sotarman, tejab-tergarmiz, qarz-havola qilarmiz» deb hol-joniga qoʻymadi. Axiyri koʻndirdi. Mana, endi…

Oʻshanda ikkovining hovliqishganlari-chi. Oʻzlarini nari borsa biror yildan keyin allakimning katalakday hujrasida emas, yap-yangi, yop-yorugʻ xonalarda tasavvur qilib entikishganlari-chi! Hujjatlarni topshirish uchun ikki hafta yelib-yugurgani-chi! Ilmiy ishini butunlay yigʻishtirib qoʻyib, pul toʻplash uchun maktabdan-u tayyorlov kursidan qoʻshimcha dars olganlari-chi! Xayrini tugʻruqxonadan olib chiqayotganida chaqaloq Xurramni qutlab, bir dasta gul taqdim qilish-u taksida olib kelish uchun ikki soʻmni koʻzi qiymagani-chi! Uch oylik chaqaloq Xurramni olib Xayrining kiyilmagan, bir-ikki kiyilgan seplik koʻylaklarini chayqov bzorida oʻtgan-ketganga koʻz-koʻz qilib turganlari-chi! Xayrining «Uy olishimizni hozircha xoʻjaykaga bildirmay turaylik. Tagʻin gʻayirligi kelib, qish ichida bolamiz bilan «Qani, bir koʻchib boqlaringchi, men tomosha qilay!» deb qolmasin» deya bolalarcha ma’sumona oʻtinishlari-chi!..

He-e, padariga la’nat hammasining! Unga ilmiy ish qilishni kim qoʻyibdi oʻzi? Otasiga oʻxshab tinchgina suvini sugʻorib, ukalariga bosh-qosh, oyisiga suyanchiq boʻlib oʻsha yoqlarda yuraversa boʻlmasmidi? Shu gʻala-gʻovur shaharda turtinib-surtinib, itning keyingi oyogʻi bolib yurish shartmidi unga? Xoʻp, ilmiy ish qilish bilan togʻni qayirib tashlarmidi? Pedagogika degani shunday bir boshi-keti yoʻq jumboq narsa ekanki, bu jumboqni kelib-kelib u yechib berarmidi? «Tuygʻular tarbiyasi» emish! Fu! Hozir odamlar nima gʻamda-yu, iloji boricha yaxshi yeb-ichib, oʻzimga zeb berib, ayshimni surib yashasam, degan ilinjda butun fikri-zikri moʻmay pul topish boʻlsa-yu… Ular sening tuygʻularingga ham, tuygʻularingning tarbiyasiga ham tupurishadi, bilsang…

Eh-h! Nafsilambirini aytganda, shaharda yashashni Javlon akasi-yu Farida kennoyisiga chiqazgan ekan-da!

Kennoyisi haqida oʻylar ekan, Halil nomusdan kattakon avtobusga sigʻmay qoldi. Issigʻu gʻala-gʻovurdan battar nafasi qaytib ketganday boʻldi. Nazarida hamma odamlar, hattoki derazadan lip-lip oʻtayotgan muhtasham binolar-u yam-yashil daraxtlar ham uni masxaralayotganday, ustidan qahqaha urayotganday tuyuldi. «Bekor bordim, – oʻyladi u alam bilan. – Bekor bordim! Ikki oʻrtada oʻzimni sharmanda qilib, oʻsal boʻlganim qoldi. «Oq tovuq dona sochar, oʻz ortini oʻzi ochar» deganlari shu-da. Ularni bilmasmidim!» Quloqlari ostida kennoyisining xandon kulgisi-yu har qanday odamning suyak-suyagidan oʻtib ketadigan zaharxanda gaplari jaranglab ketdi:

– Voy-voy-ey! Yigit kishi, bir bolaning otasi, ot emas, tuya emas, atigi uch ming soʻmni shundoq kassaga olib borib topshirishdan qoʻrqasizmi-ya? Bilsangiz, Javlon akangiz «Volga»mizni olib kelishda oʻttiz mingni qoʻlidagi kichkina sumkachasida oʻynate-e-eb begona yurtlarda haftalab yurgan! Siz boʻlsangiz, a-ti-gi uch ming soʻmga shuncha!.. Ha, olib borib topshiravering. Kim ham sizda shuncha pul bor deb oʻylardi!»

Eh-h! Atigi uch ming soʻm emish! – oʻzicha yanib qoydi Halil. – Siz uchun atigi boʻlsa atigidir. Lekin men uchun… Lekin men uchun…

Sudrashib yurib-yurib bundan besh kun ilgari maktabga xabar qilib qolishdi: uy olishidan umidi bor kooperativ a’zolari tez – uch-toʻrt kun ichida birinchi badalni toʻlashsin! Aks holda roʻyxatdan chiqarib tashlaymiz!»

Bu gapni eshitib Halil dovdirab qoldi. Darslariga koʻz-quloq boʻlib turishni yonidagi hamkasbidan oʻtindi-da, shoshganicha ijara uylariga qaytdi. Beshikda «inga»layotgan Hurramga ham qaramay, xujra eshigini zichlab berkitib, Xayri ikkovi sandiqni ochishdi. Pullarni biridan keyin biri navbatlashib qayta-qayta sanashdi: roppa-rosa 2 ming-u 57 soʻm! Demak, yana ming soʻm boʻlsa, birinchi badal uchun yetadi! Lekin shuncha pulni kimdan olish kerak?

Ikkovlon maslahatlashib Javlon akasida toʻxtashdi. Axir Javlon akasidan boshqa kimi bor ularning bu kattakon shaharda? Qolaversa, begona emas, bir qorin aylangan boʻlsa ham, har qalay qarindosh, tugʻishgan amakivachcha. Oʻshanda ham xuddi shu paytda – qoq tushda Halil avtobusda xayol surib, shirin entikib ketardi. Faqat qarama-qarshi tomonga: u yoqdan emas, u yoqqa! » Hozir boradi-yu, Javlon akasiga vaziyatni tushuntiradi. Ming soʻmni oladi. Ikkovlon «Volga»ga oʻtirib ortiga qaytishadi. Sandiqdagi 2057 soʻmni ham olib qoʻshishadi-da, oʻsha «Volga»da birgalashib kassaga olib borib topshirishadi. Oʻldimi, berib turar. Javlon akasi uchun ming soʻm degani nima gap axir. Pista poʻchogʻiday bir narsa. Uyida «zapas»i bordir. V kraynem sluchae, magazindan vaqtincha olib berib turar. Kimsan ulkan bir magazin direktori!» – shunday oʻylagan edi Halil «u yoqqa» borar ekan. Lekin…

Uning tasavvurida oʻsha manzara (nechanchi marta) qayta gavdalandi: kiraverishda turgan «Volga»ning atroflari-yu butun hovli uzun-qisqa yogʻoch-taxtalarga toʻlib ketgan. Havozada ikki usta, pastda ikki usta – ular yoʻlakning tepasida boloxona qurmoqda edilar. Ishkom tagidagi soʻrida Javlon akasi bahuzur yelpinib yotar, uning oldida student amakivachchasi Ehson magnitofonning qaerinidir kavlashtirar, kennoyisi esa ustalarga koʻrsatma berib turar edi. Halil salomlashib, soʻriga choʻkkalar ekan, Ehson magnitofonni oʻynaganicha:

– Kennoyi! – dedi oʻzicha kulimsirab. – Kennoyi! Boloxona kimning choʻntagiga qurilayapti oʻzi? Akamning hisobidanmi yo sizning kuchingiz bilanmi?

Kennoyisi ustalarga koʻz qisib, qoʻlini beliga qoʻyganicha gerdayar ekan, «munosib» javob qildi:

– He-e, bilsangiz, akangizni ham men boqayapman hozir. Butun topgan-tutganini manovi «Volga»si-yu oʻynashlariga sarflab, choʻntagi qoq-quruq akangizning!

Ehson magnitofonni «tinch qoʻyib», soʻrida oyoqlarini yerga osiltirib oʻtirdi:

– Ha-a, endi, oʻzingiz zoʻrsiz-da! Baza bilan magazin teng boʻlarmidi? Axir akamlar ham siz bersangiz – yeydi-da!..

Halil bu hazil-huzul gaplarni tinglab oʻtirdi-oʻtirdi-da, nihoyat Javlon akasiga yorildi. Gaplarini tugatar-tugatmas Javlon akasi zorlandi:

– Eshitding-ku, kennoyingning gaplarini. Unga faqat chiranish boʻlsa. Hali puli boloxonaga yetmay, oʻzim qarz qidiramanmi, qaydam…

Oʻshanda ham Halil shu yoʻldan, shu avtobusda hozirgiday oʻzini soʻka-soʻka qaytgandi. Xujraga kelib, Xayri bilan maslahatlashib, qishloqqa – oyisining oldiga – ikki kunga borib kelishga, buning uchun oʻttiz soʻmni sarflashga majbur boʻlgandi. Eh-he, oyisi-yu endigina armiyadan kelib ish boshlagan ukasining yelib-yugurishlari. Uchchovlon qoʻshnisidan ming soʻmlik tilla zayomni ming pisanda bilan olib kirganlari! Qaytar ekan, portfelda, yetti-sakkiz qavat «himoya»ga oʻralgan ming soʻmlik zayomni qoʻlidan qoʻymay, poezdda butun yoʻl davomida uxlamay kelganlari! Yarim kechada Toshkentga kelib tushgach, taksida ketishga xavfsirab, tong otgunga qadar vokzalning kutish xonasida titrab-qaqshab oʻtirganlari! Roppa-rosa uch ming soʻmni qayta-qayta sanab, qiyiqchaga mahkam tugib, sandiqqa solib, ustidan kattakon qulf osib qoʻygandan keyingi Xayri ikkovining quvonganlari!.. Bularni kennoyisi bilarmidi?! His qila olarmidi?! Uning uchun uch ming soʻm – «atigi»!

Aksiga olib bu gal Javlon akasining uyda boʻlmaganini qarang-a!. Boʻlganida-ku, ikkovi hozirgacha allaqachon «gʻir» etib «Volga»da olib borib topshirgan boʻlishardi! Har qalay, kassagacha ancha yoʻl, yana topshirish payti… Nima deb boʻladi? Uch ming soʻm hazilakam pulmi?! Kennoyisi uning haqiqiy qadrini bilarmidi.

Eh-h. Javlon akasi oʻshandayoq – bundan toʻrt kun ilgari shu sabil ming soʻmni loaqal bir necha oyga qarzga berib turganidamidi! Shuncha ovoragarchiliklar, imtihonu konsultatsiyadan javob olib xalloslashlar boʻlmasmidi. Berib turganida, kechalari koʻmir tushirib boʻlsa ham uzardi Halil oʻsha qarzini! Yoʻq boʻlsa ham mayli edi. Bunaqa ming soʻmdan qancha-qanchasi borligini u juda yaxshi biladi-ku. Hali kim bilsin, pulni topshirishga kech qoldimi. Olishmasa-ya? Unda hamma qilgan toat-ibodati bir pul deyavering.

Qiziq ekan bu dunyoning ishlari. Nahotki odamzod pulning «ta’mi»ni bilib olgan zahoti shunchalik tez oʻzgarib ketsa? Oʻzligidan, insoniy tuygʻulardan, himmat va odamgarchilikdan bunchalik tez voz kechib yuborsa?! Axir Javlon akasi uning hozirgi ahvolini yaxshi tushunadi-ku, his qilishi kerak-ku! Axir, aytishiga qaraganda, oʻzi ham bir paytlar undan besh battar qiynalgan ekan-ku!

Esida, Halil endigina institutga kirganida Javlon akasi ana shu uchastkasini qurar, u darsdan boʻshagach, kelib uyda ishlayotgan ustalarga qarashardi. Oʻshanda Halil ba’zan yotib qolib, Javlon akasi bilan «yarimtani maydalab otamlashar» ekan, Javlon akasi kayf ustida qizishib bir narsani koʻp uqtirardi:

– Hey, men senga aytsam, bu dunyoda hamma narsaning otasi ham, onasi ham pul! Yoʻq boʻlsang, qarindosh-urugʻ ham bir chaqirim joydan qochib qoladi. Bor boʻlsang – xuddi mazaxoʻrak arilarday qarindoshlaring ham koʻpayib ketadi. Eh-he, sen nimani ham koʻribsan , hali boshingga tushganda bilasan. Men oliy ma’lumotli diplomim bilan oltmish soʻm uchun oddiy sotuvchilik qilib yurganimda, bilsang, ikki bolam bilan bir oyda toʻrtta kvartiraga koʻchganman. Bir oyda toʻrttasiga! Oʻshanda loaqal biron qarindoshim kelib, «Hoy, holing qalay?» degan emas. Endi-chi… Hey, nimasini gapiray!

Kennoyisi ham uning gaplarini tasdiqlab, qoʻshimcha qilardi:

– Oʻshanda bir xoʻjayinimiz soat toʻqqizdan sal kech qolganida Javlon akangizni darvozadan kiritmagan. Kechasi bilan akangiz uy atrofida gir aylanib, men ikki bolam bilan vahimadan dagʻ-dagʻ titrab chiqqanman!..

Oʻshanday qiyinchilikni boshidan oʻtkazgan odam, bugun endi begona emas, xeshi koʻmakka muhtojligini koʻrib, imkoni boʻla turib, yordam qoʻlini choʻzmasa! Qanchalik yovuz sehrgar, yosuman ekan bu pul deganlari! Nahotki u ham vaqti kelib, bu qiyinchiliklarni yengib oʻtgach, Javlon akasi-yu kennoyisiga oʻxshab qolsa? Yoʻgʻ-e…

Nafsilambrini aytganda, bu hayot deganlari bamisoli mana shu tiqilinch avtobusday gap ekan, – oʻyladi Halil ushlagichga osilganicha yon-verida turtinib-surtinib, «oh-uh»lab ketayotgan, har bekatda tushib-chiqayotgan odamlarni kuzatar ekan, – avtobusning xuddi baxt qushiday lapanglab kelishini intiqlik bilan kutasan. Turtina-surtina bir amallab chiqib olasan. Payt poylab turib, olgʻirlik bilan boʻshagan oʻrindiqni ishgʻol qilasan. Endi nafasingni rostlab, yayrab oʻtirganingda, ana-mana deguncha tushadigan bekating kelib qoladi… Qiziq, mana shu oʻtirganlar oʻziga oʻxshab «qoq teppasida qaqqayib» turgan, bekatlarda bir amallab avtobusga chiqib olish ilinjida uymalashayotgan odamlarga achinish va xayrixohlik bilan qararmikin, yo masxaralimi? Necha foizi unaqa-yu, necha foizi bunaqa ekan? Ehtimol ularning barchasi ham xuddi Javlon akasi va kennoyisi kabi oʻzlarinig yaqindagina shular kabi bir ilinjda turganini unutib, oʻrindiqni zap ishgʻol qilganidan mamnun boʻlib, ularga nafrat va masxara nazari bilan qarashayotgandir? Oʻzi ham shu oʻtirganlar-u Javlon akasining oʻrnida boʻlganida, shunday oʻylamasmidi? Yoʻq-yoʻq! Bu axir daxshat-ku! Agar hamma ham shunday oʻylayversa, tiriklikning, Hazrati Insonlikning ma’nosi qolarmidi. Halil hech qachon ularday boʻlmaydi! Boshqalarning ham ularday boʻlmasligiga jon-jahdi bilan harakat qiladi. U ishida tuygʻular tarbiyasining puldan qudratliroq ezgu vositalarini koʻrsatib beradi! Odamlarni yosuman pulning iskanjasidan qutqarib oladi. Shu niyatda yuribdi-da bu ulkan shaharda , sabil qolgur ming soʻmni topish uchun emas.

Tezroq pullarni olib borib topshiradi-yu, yelkasidagi zilday yukdan qutulib, asosiy niyatini roʻyobga chiqarishga – ilmiy ishiga kirishadi. Yozda qarzidan qutuladi. Kuzda ilmiy tekshirish institutiga ishga oʻtadi. Tamom, boshqa gap yoʻq! Ishqilib kech qolding demay, pullarni olishsa boʻlgani!

Pullarni shunday tiqilinch avtobusda olib borib, kassada oʻtirgan begona odamga (hech bir guvohsiz) topshirishni oʻylar ekan, Halilning yuragi yana «shuvv» etib ketdi: avtobusda oldirib qoʻysa-chi? Koʻzingdagi surmangni bilintirmay olib qoʻya oladigan kissavurlar borligini u eshitgan-ku. Kassir ham pullarni olmadim deb tonsa-chi?.. Lekin shu payt Halilning quloqlari ostida kennoyisinig oʻsha masxarali gaplari qayta yangrab ketganday boʻldi:

– Voy-voy-ey! Yigit kishi, bir bolaning otasi, ot emas, tuya emas, atigi uch ming soʻmni shundoq kassaga olib borib topshirishdan qoʻrqasizmi-ya! Bilsangiz, Javlon akangiz «Volga»mizni olib kelishda oʻttiz mingni qoʻlidagi kichkina sumkachasida oʻynate-e-eb begona yurtlarda haftalab yurgan. Siz boʻlsa shu a-ti-gi uch ming soʻmga shuncha… Ha, olib borib topshiravering, kim ham sizda shuncha pul bor deb oʻylardi!»

– Toʻxta! – Halil oʻzidan oʻzi nafratlanib ketdi. – Haqiqatan ham, kennoyisi aytmoqchi, «yigit kishi, bir bolaning otasi» pullarni shundoq portfelga solib olib borib topshirishga muncha titrab-qaqshamasa! Nima boʻlsa-boʻlar-da. Aslida shu ish yuzni solishga, izza boʻlishga arzimasdi. U yoqqa boraman deb ikki-uch soatingni yoʻqotguncha oʻzing olib borib topshirganingda, hozir yengillashib, xotirjam oʻgʻilchangni oʻynatib oʻtirgan boʻlar eding!… Hali ham kech emas, ulgurishi mumkin. Nima qilib boʻlsa ham yelkasidagi bu zil yukdan tezroq qutulishi kerak!

Halil avtobusdan tushganida shu qarorga kelib toʻxtagan edi. U shosha-pisha uyga kirdi-yu, koʻzlarini Xayridan olib qochib, toʻgʻri beshik oldiga tiz choʻkdi. Qaramasa ham, xotinining koʻzlaridagi «Ha, nima boʻldi, kelmadimi?» degan savolni yaqqol his qildi. Quloqlari bu savolni eshitishga toqat qilolmasligini sezgan Halil uyqudagi goʻdakning mimit qoʻllarini erkalagan koʻyi gap qotdi:

– Qani, pullarni ol. Kassa yopilmasida topshirib kela qolay.

– Voy, qoʻying, bitta oʻzingizmi? Qoʻshnilardan birini chaqirib kiraylik, harna yoningizda esh boʻlib borib kelardi…

– Bas! Ol degandan keyin ol! – Halil oʻzini tuta olmay qoldi. – Nima, meni boʻri yeb qoʻyarmidi?! Kuppa-kunduz, atrofimda odamlar boʻlsa! Hammani ham insofsiz, kissavur, yoʻltoʻsar, yulgʻich deb oʻylaysanmi?

… U oʻziga studentlikdan qadrdon boʻlib ketgan portfelini koʻtarganicha tashqariga chiqdi. Yoʻl-yoʻlakay Xayrining:

– Ishqilib pulga, oʻzingizga ehtiyot boʻling. Omon-eson topshirib keling. Ungacha men osh damlab turaman. Kelmasa-kelmas, oʻzimiz bir bayram qilaylik, – deya shivirlab aytgan gaplarini eshitmadi goʻyo.

Halil turfa taqdir, maqsad va ilinjda yashayotgan millionlab odamni bagʻriga singdirganicha quyoshning hali qaytmagan taftida lohas bolib yotgan yirik shahar koʻchalaridan portfelini oʻng qoʻlida mahkam tutganicha shahdam qadamlar bilan ketib borardi. U ishdan chiqqan odamlar bilan yanada tiqilinchroq boʻlib ketmasida birinchi kelgan avtobusga tezroq chiqib olish ilinjida edi.

… Balki u bekatga borishi bilanoq avtobusga chiqib olar, balki andak kutib qolar. Pullarni topshirishga ulgurar yo butunlay kechikkandir. Xayri ikkalovi orzu qilgan «yap-yangi, yop-yorugʻ uy»ga-yu oʻzi intilgan ilmiy tekshirish institutiga yo oʻtar, yo oʻta olmas. Ehtimol u ham bir necha yilardan soʻng pulning «ta’mi»ni bilib, turmush mashaqqatlaridan bezib, xuddi Javlon akasi-yu kennoyisi kabi kundalik ehtiyojlariga qul, pulga banda bir kimsaga aylanib qolar, yoki ularga mutlaqo oʻxshamaydigan, butunlay boshqacha odam boʻlar… Kim biladi deysiz! Lekin har qalay shu ketishida Halil avtobusga tezroq chiqsa, pulni topshirib ulgursa, qarzidan qutulsa, yangi uyga-yu ilmiy tekshirish institutiga oʻtsa, bizning tuygʻularimizni tarbiyalash, ularni «jodugar» pulning iskanjasidan qutqarishga qodir boʻlgan ilmiy ish qilishga qat’iy ahd qilgan.

Ishqilib u oʻz ilinjlaridan tezroq qutulsin-u shunday ishni qila olsin-da!