OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Otauli. Hisobot (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOtauli
Asar nomiHisobot (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Otauli
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm31KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hisobot (hikoya)
Otauli

Oʻzbekdek oʻziga oʻzi gʻalva orttirib, oʻz qobigʻiga oʻz ixtiyori bilan oʻralib, kundalik tashvishlarga koʻmilib yashaydigan xalq bu olamda tagʻin bormi ekan?! Har bir oʻzbekning boshida bir dunyo tashvish – dunyo tashvishi: uylanish, oʻgʻil-qizlarni oʻstirib-undirish, ularga sep yigʻish-uy qurish, keyin uzatish-uylantirish, xullas, ish, ish, ish: na huzur, na halovat,na safar, na sayohat, na orom, na farogʻat!.. Shunga yarasha... Mayli, hech kim «Mana, fidoyi oʻzbek!» deb haykal qoʻymasin. Mayli, minnatdor boʻlib rahmat ham aytmasin. Aqalli yomonotliq qilmay, bir ogʻizgina «Ey, yashang-e, omon boʻling-e!» desa ekan!.. «Tuya loʻk-loʻk etadi, ustida karvon oʻtadi». Xolbuki tuyaning oʻzi ham dunyoning ustuni emas! Loʻkillay-loʻkillay bu olamdan oʻtadi-ketadi kunlardan bir kuni!..

Normuhammad odatdagidek tushlik paytida ishxonasidan chiqib, uyigacha ikki chaqirimlik yoʻl boʻylab ildam odimlar ekan, haligina chiqaverishda bexos uchratib qolgan eski qadrdonining gaplarini oʻyladi. Oʻzidan oʻn yosh katta bu odamga havasi keldi: oʻz boshidan boshqa hech bir tashvishi yoʻq. Har yili taralabedod, har oyi safar-sayohat, har kuni bayram! Biror yil avval koʻrganida Tibet, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Seylon va hakozo Sharq mamlakatlarini bir sidra aylanib qaytganini aytib maqtangan edi. Bugun boʻlsa, kuni kecha Avstraliyadan qaytibdi-yu, endi bir muddat nafas rostlagach, naqd olti oyga Antraktidaga ketmoqchi ekan! Yer yuzida koʻrmagani faqat shu «Oq qit'a»gina qolibdi, xolos. Shu bois «Mayli, omonat jon yoʻlda qolsa ham roziman» deya tilxat yozib berib, «hal qiluvchi safar»ga otlanib turganmish. Oltmishdan oshganda olti oy oq qit'aga «hayo-huyt!» deya bosh olib ketish!.. Oʻsha Afanasiy Nikitinning ashaddiy shogirdi uchun qanchalik oson boʻlsa, oʻzi uchun shunchalik qiyin, hatto aqlga sigʻmaydi...

Normuhammad odatdagidek yoʻl-yoʻlakay non doʻkonidan xarid qilgan besh boʻlkani toʻrva xaltaga joylab, supraqoqti qizining maktabiga zingʻilladi. Zingʻillar ekan, battar xunobi oshdi. Bunday yelib-yugurishlarning nihoyasi bormi sira?! Qachon oʻzidan tinib-tinchib, bamaylixotir «qarilik gashtini surib» yashar ekan? Shunday kun ham kelarmikan? Shunday kunga yeta olarmikan u oʻzi?!.

Oʻylab qarasa, ellik toʻrt yoshining roppa-rosa ellik yilini, demakki, yarim asrlik umrini yo mana shunday yelib-yugurish, yo yeng shimarib ishlashlarda, yo boshqotirma xisob-kitoblarda oʻtkazibdi. Koʻpincha uchalasiniyam bir qoʻshib!.. Esida, toʻrt-besh yoshidayoq rahmati otasi yangi uyni chala qurib, yangi yer oʻzlashtirar ekan, oʻsha yerning taqdirini uch oʻgʻliga topshirib, oʻzi davlatning ishiga ketar edi.»Mana, quduq toʻla suv, mana, «nasos» degan moʻ‘jiza, mana, navnihol koʻchatlar!.. Men kelgunimcha hammasini uch qaytara sugʻorib qoʻyasanlar! Gap shu!..» Olti-etti yashar aka bilan uch-toʻrt yashar ukaning yonida navbatma-navbat quduqdan chelakda suv tashib xisoblardilar – xisoblab tashirdilar: bir chelak, ikki chelak, uch!.. Keyinchalik boʻyi andak choʻzilib, yangi uyni suvoq qilayotgan otasiga zambilgʻaltakda loy tashishar ekan, tagʻin – bunisini endi tilda emas, dilda, ichda, ich-ichda – xisoblardi: bir gʻaltak, ikki gʻaltak, uch!..

Oʻn olti yoshida otadan yetim qolganida esa, tilida ham, dilida ham xisobiga xisob qoʻshildi. Toʻngʻichi – yigirma yashar, kenjasi – olti oylik jami toʻqqiz yetim, onasi bilan qoʻshib xisoblaganda, boquvchisiz qolgan oʻn jonning koʻrgan kuni, ayniqsa, akasi oʻqishini sirtqiga oʻtkazib, oʻzi maktabni bitirguncha biror yil... yo tiyin sanash, yo kun sanash, xullas, asosan xisob-kitoblarda oʻtdi. Yetuklik attestatini qoʻliga olgan zahoti zilziladan keyingi Toshkentga kelib, kunduz – qurilishga ishga, kechqurun – universitetga oʻqishga kirgach, xisob-kitoblari boshqacharoq tus oldi: xudoga shukur, ham ishlab, ham oʻqib boshladi!.. Xudoga shukur, akam uylandi!... Xudoga shukur, singlim oʻqishga kirib oldi!.. Xudoga shukur, ukalarim ham qad rostlab, qatorga qoʻshilib kelyapti!.. Xudoga shukur, mana, diplom ham qoʻlga tegdi!..

Olti yil qurilishda ishlab – universitetda oʻqib, bir yillik harbiy xizmatni ham oʻtkazib, yigirma toʻrt yoshida respublika xisoblash markazida ish boshlagan Normuhammad xisob-kitobning kattasini oʻsha yerda koʻrdi. «Xisobli dunyo» deganlaricha bor ekan-e! Roppa-rosat oʻttiz yildan buyon shu «markaz»dagi xisob-kitoblari... agar bir joyga jamlangudek boʻlsa, bitta emas, kamida toʻqqizta tuyaga yuk boʻlsa kerag-ov! Yigirmu toʻrt yoshdan yigirma toʻqqiz yoshgacha yigit umri-ku, xisoblar-u kitoblar ummonida qulochni katta otib suzishlarda kechdi. Nainki kunglar va oylar, hattoki yillar oʻtgani bilinmadi. Xisob-kitoblari murod-maqsadlar-u orzu-armonlarga qorishib ketdi: avval yolgʻiz singlim oʻqishni bitirsin, keyin yaxshi boʻladi!.. Avval shu ukam oʻqishni bitirib borib uylansin, keyin oʻzim!.. Avval shu kitobni yozib tugatay, ana undan keyin... naryogʻiga olam guliston boʻladi!.. Lekin, mana, oʻttiz besh yil oʻtdi , qani oʻsha guliston olam?!.

Esida, oʻsha boʻydoqlikmi-erkin qushlik chogʻlari ishdan ta’tilga chiqib Turkistonga borganida uy qurayotgan ukalariga koʻmaklashish asnosida ayrim hamqishloqlari, endi bilsa, atayin anqovsirab soʻrashar edi:» Respublika xisoblash markazida itshlaymian degina-a? Nimaning xisob-kitobini qilaverasanlar muncha?..» Endi yaxshigina tushunadiki, bu koʻndalang savol zamirida soddadilning hayrati emas, koʻpni koʻrgan, koʻra-koʻra koʻsa boʻlgan donishmandning istehzosi bor ekan! Istasangiz-istamasangiz, har qanday xisob-kitoblar insoniy umrning sarxisobiga bogʻlanar ekan, bogʻlanishi shart ekan, aks holda u havoyi, magʻzi puch bir narsa, shunchaki sarob ekan! Sarobga intilganning holiga voy ekan!

Normuhammad besh yillik sarobga intilishlardan har qalay quruqqoʻl chiqmadi: yigirma toʻqqiz yoshida uylanib, oʻttiz yoshida bir oʻgʻilga – ota, oʻttiz bir yoshida shu shahri azim chekkasidagi ikki xonali uyga – ega, oʻttiz ikki yoshida «Xisobli dunyo» degan dastlabki salmoqli kitobiga - muallif boʻlib chiqdi...

U non toʻla toʻrva – qoʻlida, maktabga yetib kelib koʻrdiki, kenjatoy-erkatoy qizi tagʻin eshik oldida yoʻq: toʻrvasini osiltirib avval oshxonaga, keyin sinf xonasiga kirib borisha majbur boʻldi. Qizi odatdagidek sinfda kutib oʻtirgan ekan. Mehrning bir koʻzi – kaftda, qoʻlidan yetaklab chiqayotib jahlini mehri yengdi-da, Yaratganga iltijo qildi: «Iloyo shu qizim tezroq ulgʻayib, mayli, otasiga haykal qoʻymasin, faqatgina minnatdor boʻlsa ekan!..»

Yoʻlda qizi tagʻin «beboshlik» qildi: «Mendan kichkinalar oʻqishga oʻzlari kelib oʻzlari ketishadi. Toʻrtinchi sinfni bitiryapman-a! Qachongacha mana shunaqa qoʻlimdan yetaklab yurasiz, ada?..» Qizini ovutgan boʻldi: «Bu yilgi oʻqishing tugashiga biror hafta qoldi-ku, demak, yana biror hafta... Mayli, yanagi oʻquv yilidan boshlab oʻzing kelib ketaverasan, qoʻy endi, xafa boʻlma, qizim!..»

Oʻziga qolsa, ellik toʻrt yoshida oʻn yashar qizchasi bilan boshlashib yurmay, uni oʻz erkiga qoʻyardi. Lekin... yigirma toʻrt yashar akaning ham, yigirma ikki va yigirma yashar opachalarning ham ishdan boʻsh vaqtlari yoʻq. Toʻgʻri, qirq olti yashar onaning boʻsh vaqti bor. Lekin u Normuhammadga qattiq tayinlab qoʻygan: «Maktabi ishxonangizning yoʻlida-ku, adasi, meni ovora qilmay, shu qizingizni oʻqishga oʻzingiz oborib-obkepturmasangiz boʻlmaydiganga oʻxshaydi. Hozir bizda ham bolalarni oʻgʻirlab, evaziga ota-onasidan otning kallasidek pul talab qilish urf boʻlayotganmish, tinchlik kerak! Koshki sizda otning kallasiek pul boʻlsa, xisob-kitobdan boshqa hech vaqo!..» Jiddiyroq oʻylab qarasa, xotinining gaplarida jon bor. Katta qizlari-ku, balogʻat yoshida, qolaversa, birga ishlashadi: bir-birlariga esh, bir-birlariga koʻz-quloq! Lekin bu qizchasi yolgʻiz... Darhaqiqat, tinchlik kerak, kambagʻalning butun boyligi, topgan-tutgani koʻz oldida turgani ma’qul. Qoʻl ostida boʻlsa yana-da ma’qul – ishonchliroq! Binobarin, yanagi oʻquv yilidan qizi mustaqil boʻlib, oʻqishga oʻzi kelib oʻzi ketadimi-yoʻqmi, bunisini xudo biladi. Hoynahoy ishonishlari qiyindir-ov! Hozircha qizini ishontirib tursin-chi!..

Mayli, yanagi yilni qoʻya turib, bugungi kunni – shu bugunni oʻylagani ma’qul. Tushlikka atalgan shu bir soatdagi ishlariga ulgurishi kerak. Bir soatning qariyb yarmi yoʻlda ketdi, qolgan yarmida tezroq tushlik qilib, ishiga kechikmay yetib borishi shart. Nachora, qizchasining qadami unmayapti-da, lekin zehn solib qarasa, anchagina boʻyi choʻzilib, yelkasiga barobarlashb qolibdi. Oʻn yoshidaki shunchalik boʻydor, bu qizi ham otasidek novchagina boʻladiganga oʻxshaydi, ishqilib, xudo baxtini boʻyiga oʻlchab bersin!

Oʻn yil avval shu qizi tugʻilgan kunning ertasigami-indiniga xisoblash markazining sobiq rahbari uyiga sim qoqib, bilsa hazil, bilmasa chin ma’nosida gap qildi: «Nima balo, oʻzingiz tugʻdingizmi? Endi buyogʻi qirq toʻrt yoshda chaqaloqni oq yuvib, oq tarab oʻtiribmizmi?..» Ma’lum boʻlishicha, qoʻngʻirogʻ-u hazil-huzuldan muddao uni bir oylik ijodiy safarga oʻzlari bilan birga yozuvchilarning Doʻrmondagi bogʻiga olib ketish ekan. Bundan muddao esa, xisoblash markazining besh yillik faoliyati xususidagi batafsil xisobotni Normuhammadga yozdirmoqchi, oʻzlari qoʻlyozmani ustidan peshma-pesh koʻrmoqchi ekanlar. Oʻshanda u xisobotga mukkasidan shoʻngʻib ketdi, lekin sobiq rahbariga oʻxshab «Qarigan chogʻda shu shahri azim sharoitida toʻrtinchi farzand – toʻrtinchi tashvishning nima keragi bor edi» deb oʻylamadi ham. Aksincha, astoydil suyundi: Xudoga shukur, yurt mustaqil boʻlgan kunlarda toʻrt qutbga tatigulik toʻrt farzandning otasi endi u! Ana endi toʻrt koʻz tugal boʻldi. Toʻgʻri, yolgʻiz oʻgʻli ukalik boʻlganida nur ustiga nur edi. Lekin Xudoning bergani shu – shu uchinchi qiz ekan, berganning bilgani bordir: uch qizni oʻstirib-undirib, tengini topib uzatgan ota toʻppa-toʻgʻri jannatga tusharmish-ku!..

U kichkina qizini boshlab uyiga kirib kelganida odatdagidek jamoa jam ekan. Hatto oʻgʻli bilan katta qizlari tushlik qilib boʻlib, endi ishga qayta otlanib turishibdi. Qoʻlini apil-tapil yuvdi-da, oʻzini oshxonaga urdi. Biror soatlik tushlikni besh daqiqaga keltirishga oʻzicha urinar ekan, xotini odatdagidek hazilomuz gap qildi, toʻgʻrirogʻi, zorlandi: «Sizga tegib shu toʻrt devoru qozon-tovoqdan boshqa nima koʻrdim! Turkistonning qorovuliga tekkanimda ham bundan yaxshiroq yashashim mumkin edi! «Katta matematik olim boʻlaman» deganingizga laqqa ishonib, «yur» desangiz ergashib kelaveribman-a men nodon! Aqalli endi tezroq yorugʻlikka chiqib, bu toʻrt devor ichida bir dursillagan kelin koʻrsam ekan!..»

Bemavrid gaplardan Normuhammadning ensasi qotdi: «Noshukr banda! «Sizga tegib nima koʻrdim» emish! Avvalo yigirma besh yillik turmush koʻrding. Toʻrt qutbga tatigulik shu toʻrt qorakoʻzni koʻrding. Ularning havas qilsa arzigulik qaddi-kamolini ham, xudoga shukur, koʻrib turibsan. Qolaversa, shahri azimning qoq markazidagi toʻrt xonali oliymaqom uyni, Xoʻjakentdagi dala hovli bilan ikki xonali uyni, sandiqda harakatsiz yotgan universitet diplomini va hokazolarni koʻrding. Xudo xohlasa, niyatni butun qilsang, dursillagan kelinni ham, chaqmoqdek kuyovlarni ham koʻrarsan, axir!..» Qani endi xotinini insofga chaqirib, noshukurlikdan qaytarishga unda til-zabon, aqalli vaqt-soat boʻlsa! Yigirma besh yillik umri, kuch-gʻayrati, butun borligʻini beminnat bagʻishlagan umr yoʻldoshi, oʻzi oʻqigan universitetda oʻqitib oliy ma’lumotga ega qilgan malakali mutaxassiski shunday norozi ekan, bu olamda Normuhammaddan minnatdor kim bor?!.

Odatdagidek xotinining gaplarini «eshitmay» apil-tapil tushlik qildi. Bunday hazilomuz gaplarga-ku, chidasa boʻladi. Hazil-da, hazil! Lekin kiraverishdagi koʻzgu oldida ishga qaytib chiqish taraddudida turgan oʻrtancha qizining nolinishi yuragini oʻrtab yuborgandek boʻldi goʻyo. «Ishdan – uyga, uydan – ishga! Bor-yoʻq koʻrgan-boqqanimiz shu! Ishga chiqqim, umuman, yashagim kelmay qolyapti!..» Toʻgʻri, nolish oʻziga emas, katta qiziga aytilyapti, qolaversa, malomat emas, nihoyati bir nola! Lekin uning bir chekkasi otaning yuragiga nashtardek sanchildi. Yashab toʻymaydigan, ishlab charchamaydigan yigirma yoshda… bu qanday gap?! Mana, oʻzi bir joyda muqim Muqimiydan ming karra koʻproq ishlab hali-hanuz ishlagani sayin ishlagisi kelaveradi-ku! Yo hisob-kitobning mehrigiyosi-yu ohanrabosi shu qadar kuchlimi ekan? Unday desa, qizlarining kasbi-kori – tikuvchilikning gashti hisobchilikning gashtidan kuchliroq, qolaversa, qoʻlga ilingulik natijasi ham bugungi kunda ming chandon koʻproq, shekilli?..

Jiddiyroq oʻylab qaralganda, qizi mutlaqo nohaq emas. Tengdoshlari yayrab-yashnab oliy maktablarda oʻqib, oʻzlarining esa, uzzukun bir joyga mixlangandek ninaga koʻz tikib ishlashlariga ich-ichdan oʻksinadi-da!

Oʻzlarida oʻqishga ishtiyoq kuchli boʻlmasa, otasining dasti uzun boʻlmasa, buning ustiga xotini aytganidek, «bor-yoʻq kuch-gʻayratini singlisi bilan ukalarining oʻqishiga sarflab bitirgan, qolgani yolgʻiz oʻgʻliga bazoʻr yetgan» boʻlsa! Nachora, bu malomatlarda ham jon bor! Esini taniganidan buyon «otam», «akam», «opam», «singlim», «ukalarim» deb yashadi. Otasi-ku, ularning qaddi-kamolini koʻrolmay oʻlib ketdi. Lekin boshqalari… qani, qay biri undan minnatdor boʻldi?! Esida, oʻn ikki yil avval oʻn ikki yashar oʻgʻli bilan yeng shimarib dala hovli qurib boshlaganida tomni yopishga qiynalganidan uyida yashab oliy ma’lumot olgan ukalariga yolvorib bordi: «Dangʻillama uy emas, Tom togʻaning kulbasi!.. Tomni yopish, xolos!» deya insof soʻrab oʻtindi. Birontasi qadam bosib kelmadi! Ikki oʻrtada Turkistonga borib kelishga pul sarflagani qoldi. Uch-toʻrt yildan keyingina ikki ukasi qadam ranjida qilib, «Mana, shaharga keldik» deganiga azza-bazza dala hovlisiga boshlab borsa, ukalari togʻ oralab qoʻshnining yongʻoqzoriga hujum qila ketishdi. Azbaroyi gap-soʻzni koʻpaytirmaslik umidida qoʻllariga ketmon ushlatib dalasini koʻrsatgan edi, oʻshanda shartakiroq Salimjon ukasi gapning poʻstkallasini aytdi-qoʻydi: «Aslida biz hasharga emas, osharga kelganmiz, akam!» Nachora, oʻsha Xoʻjakentda tugʻilib oʻsgan togʻa-jiyanlar – Yoʻlchi bilan Mirzakarimboy oʻrtasida mehr-oqibat yoʻqligi holva ekan! Tugʻishgan aka-ukalarda mehr-oqibat kam qoldi hozir! Bu xalq «oʻzim!» deb boshladimi, oʻzini toʻxtataolmaydi. Gadoyi – boy, boyi – xudoy boʻlsam deydi. Ostanovkasi yoʻq! «Ostanovka» soʻzini ruslar olib kelganidan keyin noiloj uni «bekat» deb tarjima qilib olishdi!..

Shu topda oʻtganni kavlashtirishga balo bormi! «oʻtgan oʻtdi, ketgan ketdi, soʻlgan soʻldi, qolgan qoldi». Endi boʻladigan ishni qilib, keyingi yigirma yil jon olib-jon berib shahri azim markazida oyoqqa qoʻygan oʻgʻil-qizlarining taqdirini jiddiyroq oʻylagani ma’qul! Qarindoshlik rishtalari, jigarbandlar oʻrtasidagi mehr-oqibatni qayta tiklashga qurbi kelmay turgan ekan, endi aqalli oilasi mustahkam boʻlsin! Tezroq ishga borib kelgach, kechqurun oila boshligʻi sifatida besh jonga barobar yana bir karra durustroq amri ma’ruf qilishi kerakka oʻxshaydi. Aslida shu… keyingi oʻn iki yil bor kuch-gʻayrati-yu qoʻr-qutini dala hovlisiga sarflab, u yerda kulba qurib, bogʻ yaratib bekor qilgan ekan! Shunga sarflagan mablagʻining oʻndan biriga har yili biron dam olish uyida mazza qilib hordigʻini chiqarsa, qolganini oʻgʻil uylab, qiz uzatishga yaxshi niyat bilan tuflab tugsa boʻlmasmidi! Yoʻq, aksincha, besh yil avval «Boʻldi, endi dala hovlida yer timdalab ishlamayman, soya-salqinda rohatlanib dam olaman!» deb turganida tinib-tinchimas xotini tagʻin qutquga soldi: «Dala hovlida boshqa qoʻshnilardek dangʻillama uy-joy qurolmaganingizdan keyin, yonidagi besh qavatli uydan ikki xonagina arzon-garov olaylik-qoʻyaylik, adasi! oʻgʻil uylab-qiz chiqargach, erta bir kun chol-kampir Toshkentdagi uyni oʻgʻilga topshirib, oʻzimiz kenjatoyimiz bilan ham barcha qulayliklari bor uyda, ham bahavo hovlida, ham soya-salqin bogʻda ikki yorti – bir butun qile-eb, qarilik gashtini sure-eb… Xoʻp deya qoling, adasi! Erta bir kun oʻgʻil-qizlarimiz ham bir-birlariga esh boʻlib! … Qarabsizki, mana, uch-toʻrt yildan buyon uyoqda - oʻzi ortiqcha tashvish boʻlib turgan dala hovli yonida ikki xonali uy yana bir tashvish, bu yoqda - yolgʻiz oʻgʻilni tezroq uylab, qizlarni birin-ketin chiqarish! Xullas, tashvish ustiga tashvish! Shu bugun ishxonasidagi tashvishlardan tezroq qutulsa, uyidagi tashvishlarini yengillatishning hisob-kitobini qilishi kerakka oʻxshaydi. Bir odamning yelkasiga shuncha tashvish… bas-da endi, agar u rosmana tuya boʻlganida ham!..

Normuhammad yoʻl-yoʻlakay soatiga apil-tapil koʻz tashlab ishga otilar ekan, kiraverishdagi telefon nolakor jiringladi. Temirki chidayolmayapti, haliyam qulogʻi chidaydi! Dastakni qoʻliga olib qulogʻiga tutgan edi, markaz rahbarining yangi oʻrinbosari! «Normuhammad aka, tez yetib keling, jiddiy gap bor, sizsiz eplashtirolmayapmiz!» «Ha, mana, ketayapman!» dedi-yu tashqariga otildi. Uydan chiqar ekan, qoʻshnilarga sir boy bermaslik umidida oʻzini bamaylixotir tutishga urindi, ayni chogʻda, qattiq alami keldi. Kuni kecha ham xuddi shunday tushlik chogʻi endi uyiga yetib kelganida qoʻngʻiroq qilib, xuddi shunday koʻrsatma beruvdi. Loʻkillab borganida batafsilroq koʻrsatma beruvdiki, biror soat ichida yuqoriga markazning yillik faoliyati haqida qisqacha hisobot tayyorlab berishingiz kerak ekan! Kutib oʻtirishganmish!.. Lom-mim demay biror soatda ishni saranjomladi-da, qoʻlyozmani qoʻliga topshira turib beixtiyor portladi: «Yuqoridagilarga aytingki, uka, odam bolasini dorga osishdan avval ham «Ertaga soat falonda osamiz, toat-ibodatingni qil!» deya muhlat berishadi. Xudoga shukur, dunyoga oʻt ketayotgani yoʻq! Xudoga shukur, mustaqil mamlakatda tinch-xotirjam yashab turibmiz! Xudoga shukur, hukumatimiz ham muvaqqat hukumat emas?!.»

Nachora, doʻppi olib kel desa boshni olib kelishga hoziru nozir oʻpkasi yoʻq haybarakallachilar hamisha boʻlgan, hozir ham bor! oʻzinig qoʻlidan ish kelmaydi-yu doʻppi tor kelganida ikki oyoqni bir etikka tiqib shunaqangi qisti-bastiga olishadi, qarabsizki, kim yomon – siz yomonsiz. Xudo oʻzi shunaqalarga insof bersin! Xudodan tilash bilangina ish bitmaydi, ularni insofga chaqirib turish ham kerak! Hisoblash markazining sobiq rahbarlaridan biri oʻz xotirasida oshkora aytgan ediki, qachonlardir tsekaning boʻlim mudiri «eng katta rahbar» nomidan xuddi shunday qisti-bastiga olganida beixtiyor shunday portlabdi: «Men tuyaman, oʻsha katta rahbaring – ot, sen boʻlsang, shu ikki oʻrtada bogʻlab qoʻyilgan bir itsan! Men it bilan bitga emas, otga hisob beradigan tuyaman, tushundingmi, uka?!»

Bu-ku endi, qariyb jon achchigʻida aytilgan qozoqning toʻqqiz pulidek tushunarli, lekin bir qadar quyushqondan chiqqan dagʻalroq gap. Oʻzbekning muomala madaniyati, takallufi, oʻzaro lutfu karami, «qizim, senga aytaman» qabilidagi nozik qochirimlarga boy gap-soʻzlari!.. Peshinga qadar necha marotaba koʻrishganlarida ham hisobot yuzasidan lom-mim demagan oʻrinbosar… nega tagʻin qoʻqqisdan?.. Yana qanday jiddiy gap chiqib qoldi ekan?!.

Normuhammad uyidan ishxonasigacha boʻlgan ikki chaqirimlik yoʻlni odamdek yurib, yoʻrgʻadek yoʻrtib yoxud tuyadek loʻkillab emas, baayni qushdek uchib oʻtdi. Ma’lum boʻldiki, «yuqori»ning mas’ul xodimi haligina maxsus savollarini qoldirib ketibdi. Oqqa koʻchirib qoʻyilgan hisobot endi shu savollarga aniq javob tarzida jadal ravishda qayta yozib chiqilishi kerak ekan! Ana xolos, pishdi gilos! Shunday qilish kerakligini kimdir bugun bexos eslab qolibdimi, yo?!. Yana bir karra portlagulik ahvol-ruhiyada boʻlsa-da shaytonga hay berdi. Gapni chuvalashtirmay boʻladigan ishni qilgani ma’qul! Biror soat ichida hisobotni buzib savollarga moslab qayta qurdi-da, qoʻlyozmani oʻrinbosarning qoʻliga qayta tutqazdi: «Boʻldimi, uka? Tagʻin nima yozishimiz kerak? Faqat… mayli, bir kun emas, aqalli biror soat avvalroq aytib qoʻysangiz, iltimos, tuxum ogʻziga tiqilganida emas!..»

Xonasiga kirib, endigina xotirini jamlashga tutingan edi, ittifoqo markaz boshligʻi yonida allaqanday mehmon kelib kirib keldi. Avval xonani, soʻng xona sohibini unga tanishtirdi, lekin unisini bunisiga tanishtirib oʻtirmadi. Mehmonga «Men hozir…» dedi-yu uni tashqariga yoʻllab oʻzi ortiga qaytdi. Xona toʻrida gʻozdek qotib turgan Normuhammadni oʻtirishga undab, oʻzi qarshisiga yuzma-yuz oʻtirdi-da, burgutdek yovqur qarash qildi:

– Yoshingiz nechchida, uka?

– Ellik toʻrtda?..

– Markazda qachondan buyon ishlaysiz?

– oʻttiz yilcha…

– Qachondan buyon bosh hisobchisiz?

– oʻn yil boʻldi. Siz kelishingizdan toʻrt yilcha avval?..

– Endi, uka, shu yerga rahbar boʻlib kelganimdan buyon sizga qoʻlimdan kelganicha yaxshilik qilyapman, toʻgʻrimi?.. Nima, yoqmayaptimi? Yoqmasa, ariza yozing-da, oʻz ixtiyoringiz bilan ishdan boʻshang, xoʻpmi? Ishingizdan norozi boʻlsangiz, ana, toʻrt tomoningiz qibla!.. Tushunarlimi?!.

Normuhammad mutlaqo tushunmadi: gunohi nima uning?! Kimning arpasini xom oʻrdi? Kimning tomorqasiga tosh otdi? Kimning oldida qanday ayb ish qildi?!. Oʻzi ixlos qoʻygan eng zoʻr matematik olimlardan biri, ishga kelganidan buyon, darhaqiqat, oʻziga xayrihohlik va mehr-muruvvat nazari bilan qarab kelayotgan toʻqqizinchi boshliq, «endi rahbarga yolchidim» deb yurganida… nega bunday kutilmaganda toʻnini teskari kiyib oldi?! Nahot oʻttiz yillik toat-ibodatiyu hisob-kitoblari shundoqqina koʻz oldida bir lahzada yonib ketsa-da, kuyib kulga aylansa?! Bunga qanday toqat qilib boʻladi?!.

U bexos quruqlikka chiqib qolgan baliqdek nafas olishga qiynalib, hang-mang boʻlib turgan edi, koʻz oʻngida shahd bilan tashqariga yoʻl olgan rahbar eshik oldi-da bir muddat toʻxtab, ortiga yana-da yovqurroq qarash qildi:

– Chayon oxir-oqibatda oʻzini chaqar ekan?..

Nima demoqchi?! Kim chayon - chayon kim?! Nortuyani chayonga mengzash… shu adolatdanmi?! Xudodan-u bandalaridan soʻrab olgan adolatli shumi?!. Garchi «Qiyomat»da quturgan Qoranordek ahvol-ruhiyada boʻlsa-da, rahbarning mas'um qoʻzichoq koʻzlaridek begʻaraz va bu koʻzlar uchun favqulodda qahrli nigohlarga chidayolmay baayni boʻtadek boʻzladi:

– Shafqat qiling, aka…

Shunday deya rahbarga ergashib tashqariga chiqdi. Bino oldida ularni haligi mehmon betoqat-bezovta kutib turgan ekan. Rahbar xizmat mashinasiga oʻtirar ekan, u tomonga qiyo ham boqmay, mehmonga uqtirdi:

– Ana, aytdim! Ariza yozib ishdan boʻshaydi! Boʻldimi?..

Mashina shiddat bilan olgʻa intilar ekan, Normuhammad mehmonga zimdan koʻz tashladi. Kim oʻzi bu? Kutilgan mehmonmi yo kutilmagan mehmon? Umuman, mehmonmi-mezbonmi? Hisoblash markaziga, markazning hisobotiga, oʻzining insoniy taqdiriga, xususan, ishdan boʻshash-boʻshamasligiga bu odamning qanday aloqasi bor?! Nega markaz rahbari odam qurigandek kelib-kelib shu kishiga – bir yozuvchi asarining nomi bilan aytganda, «koʻchada qolgan odam»ga xisob berishi kerak?! «Koʻchada qolgan odam»ni u ham koʻchada qoldirib, oʻzi oʻz xonasiga qaytib kirdi. Oʻzicha hisobladi, xomchoʻt qildi, hisobni hisobga qoʻshdi, koʻpaytirdi… Qayta-qayta hisob-kitob qilib koʻrdi. Dastlabki xulosaga keldiki, demak, hisobotda bir ishkal bor! Lekin… qanday ishkal?! oʻttiz yillik tajribaga ega hisobchi – bosh hisobchi undagi har bir raqam, har bir jumlaga istalgan joyda boshi bilan javob bera oladi.

Qonidan-u jonidan, uch yuz oltmish tomiri bilan toʻrt yuz qirq toʻrt soʻngagidan oʻtib qogʻozga tushgan hisob-kitoblar-ku, axir, ular?!. Bas shunday ekan, gap nimada?!. Daf’atan miyasiga bir fikr chaqmoqdek urildi: darvoqe, hisobotning oqqa koʻchirilgan nusxasida qoʻlyozmadagi soʻnggi bir jumla yoʻq edi-ku! Haligina savollarga moslab qayta koʻchirayotganida e’tibor bermaganini qarang! oʻsha jumlani xotirasida soʻzma-soʻz qayta jonlantirdi: «Modomiki hisoblash markazining ikki yillik faoliyati bilan bogʻliq hisobot xususida gap ketar ekan, uning yuzdan koʻproq xodimlaridan, ikki yil emas, mayli, yigirma-oʻttiz yil emas, mustaqillikning oʻtgan oʻn yili mobaynida kimlar nima ish qildilar, shu xususda ham hisobot soʻrash kerak boʻladi deb oʻylaymiz. Masalan, markaz a’zosi Normuhammad Shomuhammedov oʻn yil mobaynida kundalik hisoblar va hisobotlardan bevaqt orttirib, «Hisob raqami», «Hisoblash texnikasi», «Hisoblash texnologiyasi», «Hisob-kitob» degan jami toʻrtta yirik tadqiqot yaratdi. Toʻrtta salmoqli kitobni – rus tilidan, ikkita tadqiqotni – qozoq tilidan tarjima qildi, sohaga doir oʻnlab maqolalar, risolalar va hokazolar yozdi. Ayni chogʻda, shunday markaz a’zolari ham borki, ular oʻn yil badalida, surishtirib qarasangiz, ikkini ikkiga qoʻshgan emaslar, hatto «Ikki karra ikki – besh» deb oʻylaydilar! Afsuski, na unisiga bir ogʻiz tashakkurnoma, na bunisiga yengilgina tanbeh! Bu shunchaki e’tiborsizlik emas, oʻtaketgan haqsizlikdir».

Qani, shu jumlaning avra-astarini agʻdarib, jiddiyroq oʻylab koʻraylik-chi! Ishchanni – ishchan, yalqovni – yalqov deb atashning, sergʻayratga olqish aytib, takasaltangni mehnatga undashning nimasi yomon, xoʻsh?! oʻtgan asr boshlaridagi mardikorlik voqealaridan to «oʻzbek ishi» deb atalgan koʻrgiliklarga qadarlik aksariyat kulfatlarning zamirida xizmatga tuhmat, mehnatkashni yomonotliq qilish yotmasmidi? Ayblay turib ishlataverish va ishlata turib ayblayverish, yaxshilikka yomonlik bilan javob qilaverish insofdanmi? Nahot bu dunyoda odam bolasidan yaxshilikka yaxshilik hech qachon qaytmasa? Nahot odam bolasi yaxshilikka yomonlik bilan javob qaytara turib vijdonan qiynalmasa?! Normuhammad esini taniganidan buyon hech kimga yomonlik sogʻinmaydi, barchaga, ayniqsa, oʻz jigargoʻshalari-yu diltortarlariga hamisha xolisanillo yaxshilik qilib suvga soladi: baliq bilar, baliq bilmasa, Holiq bilar!..Lekin shunda ham... Fikrni fikrga qoʻshib mantiqiy xulosa chiqaradigan boʻlsak, nima, oʻttiz yil shu markazga qalb qoʻriyu peshona terini toʻkishdan murodi kunlardan bir kuni oʻz ixtiyori bilan ariza yozib ishdan ketish edimi?! Bunisi qanday nohaqlik boʻldi sira?!.

Normuhammad ich-ichidan qaynab-toshib chiqayotgan isyonni bazoʻr jilovlab, sovuqqon boʻlishga urindi. Xoʻsh, endi nima qilish kerak? oʻttiz yil muttasil dorixonadagi tarozibondek har bir moʻ‘jaz zarrani ham hisobga olib yashagan, qaerda hisobdan adashdi? oʻzining qonuniy haqqi-huquqini soʻrab xato qildimi? Nega hamisha haq berilmasligi, aksincha, olinishi – kimningdir qoʻlidan yulib-tortib olinishi kerak?! Qachongacha insofga chaqirish insofsizlikni avjiga chiqaraverishi kerak? Ahmad Yassaviy hazratlari naq yuz yil – bir asr muttasil insofga chaqirgan bu xalqni nahotki endi hech qachon insofga keltirib boʻlmasa?!. Yo oʻzi ham noshukurlik qilib, andak oshiribroq yubordimi ekan? Bir gap kamlik, ikki gap koʻplik qiladigan darajada koʻngli nozik odamlarga, ayniqsa, rahbarlarga malol keladigan biron-bir nooʻrin-nojoʻya soʻzga bexos yoʻl qoʻyib, hisobdan adashdimi ekan? Qani, qay soʻz boʻlishi mumkin oʻsha ortiqcha soʻz?! Xotirasiga ishonmay, dastlabki nusxaning qoʻlyozmasini kompyuterchi qizdan qaytarib oldi-da, bir sidra qayta koʻz yugurtirdi, yonidagi hisobchilarga koʻrsatib, fikr soʻradi. Yoʻq, hammasi joyida! oʻrnida ishlatilgan, oʻrni-oʻrniga qoʻyilgan haq soʻz! «Erigan temir parchasi kabi oʻrtab yuboradi tushgan joyini». Haq soʻzning kuchi bu! Xoʻsh, kim u chidayolmasdan oʻrtanayotgan?..

Dalillarni muqoyasa qilish, chogʻishtirish, qiyoslash, qiyosiy tahlillar nihoyasida qat'iy bir fikrga keldiki, hamma gap yangi oʻrinbosarda! Hoynahoy u soʻnggi jumlani rahbarga azza-bazza oʻqib berish bilangina kifoyalanmay, oʻzi tushunganidek talqin ham qilgan, rahbarni Normuhammadga qarshi qayrab solib, uning yuragiga zimdan oʻt yoqib, tagʻin oʻt oʻchiruvchilar jamiyatiga qoʻngʻiroq qilgan-da, «mehmon»ni bu oʻtni oʻchirishga chiqargan! Tamom, boshqa gap yoʻq. Boshqacha boʻlishi mumkin emas! Yosh, zakovatli, kelajagi porloq hisobchi, qatoridagi nor, otashqalb va olovyurak Gulxaniy deb yursa, oddiygina goʻlax-oʻtyoqarga oʻxshaydi-ku bu! E qoyil! oʻt yoqishga ustasi faranglardan chiqib qoldi-ku! Demak, sir boy bermay shunday bir tadbir qoʻllash kerak boʻladiki, toki u oʻzi yoqqan oʻtni oʻzi oʻz qoʻli bilan oʻchirishga dilida majburiyat sezsin! Shahd bilan yurib oʻrinbosarning huzuriga kirib bordi-da, atayin anqovsiradi:
— Hisobot masalasi tinchidimi? Hech gap yoʻqmi? Uchinchi odamning koʻngli taskin topdimi?..- Savollarga javobdan qanoat hosil qilgach, oʻzidan oʻn yosh kichik, lekin ustasi farang hisobchining koʻzlariga tik boqib, battar anqovsiradi: -Rahbarimiz hisobotning qaeridandir norozi boʻlib anchagina achchiq-tiziq gaplar qildi. Sababini unchalik tushunmadim. Mabodo siz bilmaysizmi?.. – oʻrinbosarning musichadek beozor, moʻmin-qobilgina koʻrinayotgan qiyofasiga sinovchan boqib, akalarcha nasihatomuz ohangga oʻtdi: – Endi-i, siz bu yerda yangisiz, uka! oʻrtada anglashilmovchilik bilan xojolatpazlik boʻlmagani ma’qul. Avvaldan shakllangan an'ana shuki, men hisobotni qoʻldan kelganicha yozaman, oʻrinbosar undan keragini olib, maromiga yetkazib, boshliqqa koʻrsatadi, kerakmasini koʻtarib yurmay, sekingina oʻzimga qaytarib beradi-da, xatoyimni koʻrsatadi. Tushunarlimi?.. Toʻgʻri, mening hisobotlar bobida oʻttiz yillik tajribam bor, lekin bir kalla – bir kalla, ikki kalla – ikki kalla-da, ukajon, shunday emasmi, «beayb parvardigor» deganlar… Hammamiz ham bu dunyoda gʻanimatmiz…» Aftidan, oʻrinbosar hammasini tushundi, buning ustiga, xayriyat, oriyati, hamiyati, vijdoni bor ekan, insofga keldi: «Toʻgʻri aytasiz, aka!» deya turib beixtiyor duvva qizardi… Normuhammad oʻzini qushdek yengil his qilib oʻrnidan turdi: «Nihoyat, oʻttizinchi yilning hisobotidan ham yaxshigina qutuldik-a, uka! Xoʻp, xayr, ertaga yaxshilik bilan koʻrishmaylik!»

Ishxonadan uyiga bamaylixotir qaytar ekan, oʻzini yanada yengilroq his qildi. Oʻzicha qat'iy xulosaga keldiki, haqsuyar oʻzbek oʻz boshiga ortiqcha tashvish orttirsa orttirar, lekin u bu tashvishlarni, jamiki muammolar, jumboqlar, masalalarni ham avvalo hisob-kitob, qolaversa, sabr-toqat va nihoyat, yaxshilik bilan yengadi. Ha, yaxshilik bilan yengadi, hattoki yomonlikni ham!..