OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Otauli. Oʻzbek Otellosi (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOtauli
Asar nomiOʻzbek Otellosi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Otauli
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm42KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻzbek Otellosi (hikoya)
Otauli

Turon mamlakatining hukmdori Alp Er hoqon yolgʻiz oʻgʻli yigirma besh yoshga toʻlib, «Er» atanishi munosabati bilan yigʻilganlarni birrov koʻzdan kechirib, izdihom oldida qoʻl qovushtirib turgan oʻgʻliga koʻz tikdi:

– Koʻk Tangriga shukurki, biz butun Sharqu Gʻarbni oʻz atrofiga birlashtirgan oq xunlar avlodimiz, ulim! Manovi Oqsaroyimizning boshidan nur sochib turgan Momo Oftobimiz bilan uning poyiga bosh urib turgan oppoq otovimiz – Orol, bepoyon quruqlikning qoq oʻrtasidagi yopiq dengiz, chuchuk suv, obi hayotning haqqi-hurmati shuni roʻy-rost aytamanki, Siz, ulim, Koʻk Tangrining bizga bergan buyuk ehsoni, umid chirogʻimiz, ushalgan va ushalajak orzuimizsiz! Shuning uchun ham bundan yigirma besh yil avval sizga «OTOVUL» deb ot qoʻygan edim! Erta bir kun ulim er yetganida shu otovimizga munosib ul boʻlsin, Turon tangriqutlari mulkiga chinakamiga ega boʻlsin deb edim! Men endi qaridim! Mana, Koʻk Tangriga shukurki, siz ham Er atanib, har tomonlama yetuk, barkamol avlod, kiroyi erkak boʻlib turibsiz. Endi oʻz otingizni oqlab, yana bir ota, shu otovimizning egasi, tom ma’nodagi otovul boʻlish vaqtingiz yetib keldi. Endi Siz ham oila qurmogʻingiz kerak! Xohish bildirsangiz bas, qoʻl ostimdagi jamiki boʻysira qizlarni koʻz oldingizda kiprikdek tizilishtirib qoʻymogʻim mumkin, toki ular orasidan koʻnglingizga yaqin oʻz tengingizni toping-da, siz ham oila quring endi! Erta bir kun onangiz bilan meni nevara koʻrish baxtiga yetkazing-da, axir, ulim! Manovi Oqsaroyimizni qurshab turgan Tuproqqal’a, uning atrofidagi Ellik qal’a, ularning ham atrofidagi ellik ming qishloqlarimizda shunaqangi goʻzal qizlar bisyorki, ularning oldida afsonaviy pari-paykarlar ham ip esholmay qoladi!..

Turon xoqonining yolgʻiz oʻgʻli yigʻilganlarning koʻz oldida tiz bukib, qoʻlini koʻksiga qovushtirdi:

– Bir qoshiq qonimdan kechingiz, ota! Men uylanmayman deyotganim yoʻq. Uylanib, sizning orzu-umidlaringizni ushatish men uchun ham farz, ham qarz. Lekin siz ham mening koʻnglimga qarang-da! Avvalo shu savolimga javob bering-chi! Men tinglagan aksariyat ertaklaru dostonlarimizda qahramonlar nega oʻz ovuli, qishlogʻi, kentu shahri, hatto mamlakatidan uylanib qoʻya qolmaydi-da, baxtini qidirib butunlay boshqa mamlakatlarga safar-sayohat qiladi, xoʻsh?.. Men bu asarlar qahramonlaridek Qalmoqqa, Koʻhi Qofga, Vayanganga, boshqa shular kabi ilgari borilgan ma’lumu mashhur manzillarga yana bormoqchi emasman, balki ularning hammasidan oshib ketmoqchiman. Dunyoning eng chekkasidagi butunlay noma’lum bir mamlakatga borib, dunyodagi eng bokira goʻzalni topsam-da, sizga munosib kelin qilib olib kelsam deyman! Birov yurgan yoʻldan yurib oʻtishni emas, hech kim yurmagan yangi yoʻl topishni, oʻz baxtimni oʻzim ana shu yangi yoʻldan qidirib koʻrishni istab turgan boʻlsam, nega siz mening shu istagimni qoʻllab-quvvatlamasligingiz kerak, ota, hech tushunmayapman?! Avvalo shu istagimga yetishim uchun izn bering! Keyin menga oq yoʻl tilab duoi fotiha qiling, Sizdan iltimosim shu!..

Alp Er hoqon beixtiyor taxtidan sapchib turib, asabiy etak silkidi:

– Yana shu gapmi, ulim?! Sizga nima yetishmaydi oʻzi?! Istagan narsangiz muhayyo, mamlakatimning eng goʻzal, eng oqila qizlari sizga umr yoʻldoshi boʻlishni orzu qilib turgan boʻlsa! Shu quruqlikning qoq oʻrtasidagi ulkan suvlik – Orol – otovimiz – bizning dunyomiz, axir! Bu dunyodan bosh olib ketib, yangi bir dunyo ochish... xoʻsh, aynan sizga nima uchun kerak boʻlib qoldi?! «Uzoqdagi quyruqdan yaqindagi oʻpka yaxshi» degan ota-bobolarimiz! Quyruqning oʻzi ana oʻsha uzoqlarda bormi-yoʻqmi, buyogʻi ham noaniq boʻlsa!.. Nima qilasiz oʻz boshingizni oʻzingiz xatarga qoʻyib, bizni yoʻlingizga zor-intizor, oʻzingizni sarson-sargardon qilib?!.

Otovul ham tiz choʻkkan joyidan turib, qaddini kerdi-da, otasiga yovqur qarash qildi:

– Meni uzoq yoʻldan qaytaraman deb bekorga ovora boʻlyapsiz, ota! Ajdodlarimiz nafaqat Turonzamin, butun Chin-Mochin, Hindu Sindni kezib chiqqanida, hattoki ulkan qit’amizning tor boʻynidan yurib butunlay yangi bir qit’aga oʻtib, shu yoqlarda yashab qolganlarida... nega endi meni oʻzingizning mayda qadamlaringizga bogʻlab tashlashga urinyapsiz oʻzi?! Axir, men oʻsha uzoq ajdodlarimizdek boshqa qit’aga butunlay oʻtib ketmoqchi emasman-ku! Nihoyati oʻz qit’amizning kunbotariga qarab yoʻl yurib, uning narigi chekkasiga bormoqchiman, xolos! Oq xunlarning koʻnglidek oppoq yalovini qit’amizning narigi chekkasiga oborib qadab kelsam, nima, shu yomonmi?! Boz ustiga, koʻngli oʻzimizning koʻnglimizdek oppoq, bu dunyodagi eng bokira goʻzalni sizga kelin qilib olib kelmoqchiman-ku!.. Nur ustiga a’lo nur deganlari mana shu emasmi, ota?! Yonimda oʻzimga yetgulik qorovul, yasovul, bakovul, shigʻovul, hirovullarim boʻlsa! Bosh ustimizda – Koʻk Tangri bilan Momo Oftob, tagimizda – uchqur qorabayir otlarimiz, nortuyalar ustida – oʻtovlarimiz, koʻngillarimizda – dunyoni koʻrish-bilish, iloji boʻlsa, yerning kindigini topish ishtiyoqi boʻlsa!.. Siz nega bu ishtiyoqimizni soʻndirishga urinyapsiz oʻzingizcha?! Shu ishingiz butun umrini ot ustida oʻtkazgan Turk Otamiz bilan Yofas Otamizga munosibmi, axir, ota, oʻzingiz oʻylab koʻring?!.

Alp Er hoqonning qoni qaynab, beixtiyor jumbushga keldi-da, asabiy bir qat’iyat bilan qoʻl siltadi:

– Mayli, ulim, Turk Ota bilan Yofas Otani oʻrtaga qoʻyib turibsizmi, endi shu turk budunning koʻz oldida sizga oq yoʻl tilab, Koʻk Tangridan panoh soʻrab duo qilmasam, Turon hoqonlariyu xun tangriqutlarining asriy taomillariga zid ish qilgan boʻlaman! Mayli, toleingizdan koʻring endi!.. Iloyo yoʻlingiz oq, boshingiz toshdan boʻlsin, ulim! Oy borib, omon qayting! Volidangiz, butun el-ulus bilan birga koʻzlarimiz toʻrt boʻlib yoʻlingizga koʻz tikib yashaymiz endi! Boshingiz ikkita boʻlib qaytganingizni, erta bir kun shu otovimizning qoshida koʻpdan-koʻp nabiralar – tangriqutlarning barkamol avlodlarini koʻrish baxti barchamizga muyassar boʻlsin!..

Ertasiga tong-sahardan Otovul oʻzining qorovullari, yasovullari, shigʻovullari, bakovullari, hir-ovullari, butun koʻch-koʻroni, basharti oldlaridan yogʻiy chiqib qolgudek boʻlsa, mustahkam himoyada turajak yengilmas qoʻshini bilan yoʻlga tushdi. Ortlarida oppoq otov – Orol dengizi qoshida ajdodlar kuzatib qoldilar. Oq xunlarning asosan dunyoni anglash ishtiyoqidagi sergʻayrat yoshlari – eng barkamol avlodidan iborat yoʻlchilar esa, qoʻllarida – oq bayroq, koʻngillarida – oppoq orzular, moʻljalni kunduzlari – Quyoshdan, kechalari – oy bilan yulduzlardan, avvalo Oltin Qoziq – Qutb Yulduzidan olib, kunbotarga qarab ketdilar. Yoʻl yurdilar, yoʻl yursalar ham moʻl yurdilar. Ana, Alpomish zabt etgan Qalmoqlar yurti ortda qoldi. Mana, Yoyiq togʻlardan oshib oʻtdilar. Yana bir uzoq ajdodi «E dil!» deb nomlagan ulkan daryodan ham kechdilar. Yana ne bir oq xunlar oʻzlaricha «Osmon tomi» deya ta’riflagan Koʻhi Qof – Qofqoz togʻlaridan oshdilar... Tagʻin ne bir togʻlardan oshib, daryolardan kechib oʻtib borib, nihoyat, dunyoning eng chekkasiga yetdilar. Yetishga yetdilar, lekin, ne koʻz bilan koʻrsinlarki, koʻm-koʻk dengizga boqib, «Ana endi marraga yetib keldik, qit’aning eng chekkasi shu!» deya quvonib turganlarida... koʻzi oʻtkirligi bilan dong taratgan shigʻovul qachonlardir bir bilga yaratgan surnaysimon uskuna – durbin ichiga koʻz tikib aytdiki: «Koʻzimga butunlay yangi dunyo aniq-ravshan koʻrinib turibdi! Aftidan, bizning qit’amizdan boshqa yana bir qit’a borga oʻxshaydi! Yangi qit’a boʻlganda ham, koʻm-koʻk dengizning narigi tarafida oppoq oqarib turgan bir otov! Lekin bu otov..., bizning Orolimizga oʻxshab, quruqlikning oʻrtasidagi suv emas, aksincha, suvning oʻrtasidagi quruqlik!..

Otovul shigʻovulining qoʻlidan durbinni olib, koʻziga tutdi. Yo falak! Bu qanday Orol boʻldi?! Quruqlikning qoq oʻrtasidagi suv emas, suvning oʻrtasidagi quruqlik!.. Yana bir «Borsa kelmas»mi bu, nima balo? Qiziq!..

Dengiz sohilida uzoq davom etgan maslahatlar, hordiq chiqarishlaru yangi safar-sayohatga hozirlik koʻrishlardan keyin tagʻin yoʻlga tushdilar. Yaxshiyamki, Orol dengizidagi «Borsa kelmas» orolchasiga suzib borish uchun qayiq yasash bobida tengsiz ustalar ham himoya qoʻshini orasida yetarli boʻlgani, ular yasagan qayiqlarda suza-suza, nihoyat, butunlay yangi sohilga yaqinlashdilar. Yaqinlashar ekanlar, durbinni tagʻin koʻzga tutib qayta-qayta qaradilar. Ne koʻz bilan koʻrsinlarki, butun sohil boʻylab sonsiz-sanoqsiz odamlar! Xuddi oʻzlaridek novcha-novcha, alpqomat-alpqomat, rang-roʻylari oppoq-oppoq odamlar! Yoʻq, oʻzlaridan ham oppoqroq! Lekin har birining qoʻlida oʻzidan kamida ikki baravar uzun qop-qora-qop-qora nayza borligiga nima deysiz! Nayza uchlari quyosh nurida tovlanadi! Hammalari nayzador! Behisob nayzadorlar! Olisdan doʻst tutinish umidida kelgan mehmonni nayza bilan kutib olish!.. Bu qanaqasi?! Axir, ular orolga nayza koʻtarib emas, koʻngillaridek oq-oppoq bayroq koʻtarib kelmoqdalar-ku! Qoʻlida oq bayroq bilan kelayotgan odamni qora nayza bilan kutib olish... yaxshimi?!. Qoʻllarida hilpirab, tinchlik-totuvlikka chorlab betoʻxtov-bezovta silkinib turgan oq bayroqlar oʻz ta’sirini koʻrsatdi, shekilli, hartugul, orol egalari nayzalarini yerga qoʻyib, ishonib-ishonmay, hadiksirab kutib oldilar. Bir-birlari bilan qoʻl olishib koʻrishgach, birga-birga sohildan orolning ichkarisiga tomon yurdilar. Yoʻl-yoʻlakay imo-ishoralar yordamida soʻrashib-tanishdilar. Bu mamlakat, oʻzlarining aytishlaricha, oqilchinlar mamlakati, mamlakatning oti esa, «Birtaniya» ekan. Butun orol ahli yogʻiyga qarshi kurashda bir tanu bir jon boʻlib, bir yoqadan bosh chiqara olganlari, yovga qarshi jangda nihoyatda ahilligi uchun mamlakat «Ulugʻ Birtaniya» deb atalar ekan. Xalqning oti shuning uchun «oqilchin» deb atalar ekanki, avvalo, hammalarining rang-tuslari xuddi oq xunlardek oq, oppoq, oqimtir, oqish, oqilchin ekan, qolaversa, ular chindan ham oqil-aqlli-bilga ekan... Orol egalarining tillarini ham, urf-odatlariyu turmush tarzini ham bilib-oʻrganib-tushunib olish unchalik ogʻir boʻlmadi. Lekin oq xunlar oʻzlarini ularga tanishtirishda anchagina qiynaldilar. Masalan, bu oqilchinlardan birontasi Otovulning ismini aniq-tiniq aytolmadi. Tili kelishgani «Attila» boʻldi. «Mayli, «Attila» boʻlsa «Attila»-da! – deb oʻyladi oʻzicha Otovul. – Har qalay, til topishib boshlashdi-ku, muhimi shu emasmi!» Yasovul, shigʻovul, hirovul, qorovullarni – jangari qoʻshin, uni – qoʻshinning bosh qoʻmondoni deb, oʻzlarining jangari tabiatlaridan kelib chiqqan holda toʻn bichishgan, shekilli, yana bir tushunarsiz soʻzni toʻtiqushdek qayta-qayta takrorlab qolishdi: «jeneral», «jeneral»!.. Tabiiyki, Otovul bu tushunarsiz soʻzga ham e’tiroz bildirib oʻtirmadi: «Mayli, jeneral boʻlsa jeneral-da, – deb oʻyladi tagʻin oʻzicha, – muhimi, oqkoʻngilu begunoh xunlarni oʻldiradigan xunxoʻru xunrez emas, qonxoʻr emas, qotil emas, bosqinchi-kallakesar emas, nihoyati «jeneral», oʻzimizcha aytganda, nihoyati «lashkarboshi» ekan-ku!..»

Uzoq davom etgan soʻrashuv-tanishuvlardan soʻng oʻz-oʻzidan murod-maqsadga oʻtildi. Otovul safar-sayohatdan koʻzda tutilgan eng asosiy murod-maqsadni aytganida, ma’lum boʻldiki, yo falak, odam bolasining qoni qoniga naqadar tutash, tili tiliga naqadar oʻxshash ekan, «Elga el qoʻshilsa – davlat» degan qadimiy maqol bu qavmda ham bor ekan! «Biz ham elga el qoʻshilishini hohlaymiz, albatta, – deyishdi ular, – faqat buning bir necha shartlari bor-da!» Otovul pirovard maqsadga oʻtdi: «Agar dunyoning eng goʻzal qizi sizning yurtingizda topilgudek boʻlsa va agar u mening koʻnglimga oʻtirishsa, ana oʻshanda har qanday shartingizga, mayli, roziman».

Ipga tizilgan qaldirgʻochlardek tizilishgan koʻzlari moviy-moviy, sochlari tillarang-tillarang qiz-lar orasida bir qizni koʻrganida Otovulning koʻngli beixtiyor jiz etdi. «Shunisi yuragimdan urdi! – beixtiyor iqror boʻldi u. – Otini ayting endi bu qizning?» Javob qaytdi: «Dezdemona!» Yana soʻradi: «Bu soʻzning ma’nosi nima?» Javobdan koʻngli juda toʻldi-toʻliqdi-toʻlqinlandi: «Xohlang «Dezdemona» deng, xohlang «Mona Liza», har ikkisining ma’nosi – «goʻzal malak», «pari-paykar» degani boʻladi! Otovul tikilib qaradi. Rostdan ham, «pari-paykar» desa degudek ekan! Shuncha yil dunyo kezib, bunday afsonaviy goʻzal malakni koʻrmaganligi rost! Lekin u... kulyaptimi, yigʻlayaptimi? Odamga mehr bilan boqyaptimi, yo qahr bilan? Dilidagisi nima: makrmi yo muhabbat?.. Yuz ifodasi shu qadar sirli, shu qadar ilohiy, shu qadar mubhamki, koshki koʻnglidagini yuz-koʻzlaridan bilib boʻlsa! Nima boʻlganda ham, shu bir dunyo goʻzali deb dunyo kezib yangi dunyoga kelib turgan ekan, endi boʻladigan ishni qilmoq kerak! Bu pari paykarga erishish uchun oʻzini har nega qodir, mohir, hoziru nozir deb his qildi. «Boʻpti, shu goʻzalni Turon mamlakatiga olib ketish yoʻlida har qanday shartingizga roziman!» – dedi Otovul. «Bitta emas, bir juftgina shartimiz bor! – dedi oqilchinlar. – Birinchi shartimiz shuki, bizni Sharqiy Rim imperiyasining zulmu zugʻumlaridan xalos qilasan! Buning uchun nimaiki yordamimiz lozim boʻlsa, biz tayyormiz. Masalan, qoʻshiningga istaganingcha qoʻshin qoʻshib berishimiz mumkin! Shartimizning shunga bogʻliq davomi shuki, butun badaningga qorakuya surkab, oʻzingni mavrmi-habash deb e’lon qilasan, toki imperiyadagilar bizni sen bilan til biriktirishda ayblab, basharti magʻlub boʻlsang, holimizni battar tang qilishmasin! Qolaversa, anovi italyanlar ikki oqtan til biriktirib bir qoramagʻizni oʻrtaga olishdi, deb oʻylashmasin, aksincha, bular ham oʻzimizga oʻxshash qorachagina ekan, deb oʻylashsin!..» Otovulning koʻngliga, tabiiyki, bu shart oʻtirishmadi! Doʻst boʻlib kelganni dushmanga qarshi olkishlash... yaxshimi?! Buning ustiga, oppoqni qop-qora qilib koʻrsatishdek koʻzboʻyamachilik... kimga nima uchun kerak? Tabiiyki, shartga qarshi norozilik bildirdi: «Men hech qachon hech kimga birinchi boʻlib musht koʻtarmaganman, birovning buyrugʻini bajarmaganman, birovning nomidan ish koʻrmaganman, Otovulman, oq xunman, yengilish nimaligini bilmaganman, bilmayman ham. Qolaversa, imperiyasimi, undan kattarogʻimi, agar u rostdan zolim yogʻiy boʻlsa, oʻsha yogʻiyni oʻz nomimni oshkora aytib borib yengib kelaman! Birovning nomidan ish koʻrishni oʻzimga isnod deb bilaman! Sizga keragi oʻsha oʻzingizga zulmini oʻtkazayotgan «imperiya» degan yovuz kuchni taslim qilishmi, axir?!.» Uning yonib-kuyib aytgan sidqidil soʻzlarini tinglab turganlar miyigʻida kulib aytdilarki, «Biz ham suvni koʻrmay turib etik yechmaymiz, qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarmaymiz, joʻjani kuzda sanaymiz... Xullas, birinchi shartimiz shuki, agar senga rostdan ham Dezdemona kerak boʻlsa, mavrmi-habash qiyofasida borib Sharqiy Rim imperiyasini magʻlub qilib qaytasan! Gap shu! Ikkinchi shartimizni ana oʻshandan keyin aytamiz!»

Modomiki ota-bobolari «Jon qiynalmay jonona qayda, Toqqa chiqmay doʻlona qayda» degan ekanlar, bu shartga rozi boʻlishdan oʻzga chora yoʻq, shekilli, deb oʻyladi u. Mayli, dunyo goʻzaliga erishish uchun bir muddat oqni qora qilib koʻrsatsa koʻrsatibdi-da, shu bilan bir umrga yuzi qora boʻlib qolmas, axir! Muhimi – zulm-zoʻrovonlikka chek qoʻyish – xayrli ish-ku!

Imperiyani oʻzi bosh boʻlgan qurama qoʻshin bilan murosasiz jangda taslim qilib, tuya-tuya tillolarni oʻlja olib, bundan tashqari, har yili katta miqdordagi sof tilladan oʻlpon toʻlashini oʻsha «imperator» deganlarining boʻyniga tavqi la’natdek osib, gʻalaba bilan ortiga qaytdi. Oʻzi ham quruq qaytmadi. «Attila» bilan «jeneral» degan soʻzlarning yoniga yana ikki laqabni orttirib qaytdi: imperiyaning qoq yarmi uni «Xudoning balosi», qoq yarmi esa, «Atla» deb atab boshlashdi. «Tovuq nimalar yemaydi, magʻlub nimalar demaydi, – deb oʻyladi Otovul. – Baribir, oʻzi istamagan holda bir muddatga yuzi qora boʻlgan ekan, bu koʻrgilikning oldida «Xudoning balosi» bilan «Atla» deganlari nima boʻlibdi! «Xudoning balosi», aslida, kimligini ana oʻsha Xudodan boshqa kim aniq biladi, kim?! Bashariyat tarixining atalasini chiqarib yotganlar uning otasi qoʻygan ismni ham bir muddat atalaga aylantirsa aylantiribdi-da! Axir bir kun asl haqiqat qaror topar-ku! Tepada Tangri turibdi-ku!..

Dezdemonani Otovulning koʻzlariga yana bir marta koʻrsatib, uning yurak-bagʻrini battar olovlantirganlar endi ikkinchi shartga oʻtdilar: «Yana bir shartimiz shuki, bizning nogʻoramizga oʻynaysan!»

Otovul umri bino boʻlib childirmaga oʻynagan, dutorga oʻynagan, torga oʻynagan, qonunga oʻynagan, lekin... nogʻoraga ham oʻynab boʻlarkanmi?! Goʻs nogʻora odatda urush boshlanishi oldidan chalinadi-ku! «Imperiya» deganlari taslim boʻlib, urush balosi tugadi deb turganida... endi urush-janjalga chaqirib chalinadigan nogʻoraga balo bormi! Qiziq boʻldiyu... Taajjubiga nisbatan qiziqishi ustun keldi: qani, koʻraylik-chi! Kimning nogʻorasiga kim qanday oʻynar ekan?..

«Nogʻora oʻyin» deganlari bu yerda urushga chaqirishni anglatmas ekan. Oʻyinning mohiyati shunday ekanki, bir nogʻorachi gumburlatib ulkan goʻs nogʻorani chalib turadi, boshqalar esa, bir erkak bir ayolni qoq belidan mahkam quchoqlab olib, ikkovlashib raqs tushishadi!.. Bu qanday oʻyin?! Oʻyindan oʻt chiqarish emasmi, aslida, bu?!. Qarasa, oʻzi koʻz ostiga olgan oʻsha «pari paykar» Dezdemonani bir olakoʻz barzangi uning shundoqqina koʻz oldida bemalol quchogʻiga bosib bachkana qiliqlar qilyapti! Yo falak! Bu qanaqasi? Bunisi hammasidan oshib tushdi-ku! Urush dedi – urushdi, yuzing qora boʻlsin dedi – yuzini qora qildi. Endi oʻzining boʻlajak umr yoʻldoshini boshqa birov bilan baham koʻrishi qoluvdi! Bu qanday jaholat oʻzi?! Baribir, ham urishqoq, ham yuzi qora boʻlgan ekan, oʻsha barzangining naq giribonidan oldi: «Hoy, dayus yogʻiy! Sen nega kuppa-kunduzi mening boʻlajak tanmahramimga surkalib shilqimlik qilyapsan oʻzi?! Sendek yogʻiyni tilka-pora qilib tashlaymi hozir?! Yana bir marta qorangni Dezdemonaning qoshida koʻrsam, naq yerga qoziq qilib qoqamanu uningni butkul oʻchiraman-qoʻyaman, uqdingmi?!.» Nogʻora oʻyini taqqa toʻxtab, butun oʻyinchilar ularni bir-birlaridan ajratishga urindilar. Bazoʻr ajratgach, gap nimadaligi – nima gapligini aniqlashtirishga tutindilar. «Bu jentlmen partnerni oʻz tilingda nima deb atading?» – deb soʻradi bittasi qattiq qiziqib. Otovul ajablandi: «Yogʻiy dedim! Boʻlajak umr yoʻldoshim, bolalarimning onasiga tirgʻalgan nokas menga yogʻiy, yov, gʻayur boʻlmay kim, axir, doʻst-yor boʻlarmidi?!.» Masalaning mohiyatiga tushunib yetganlar bir uni, bir yogʻiyni masxaralab kuldilar. Bir qanchalari yogʻiyni qoʻllari bilan nuqib koʻrsatdilar: Ana, «Yago!», «Yago!», bugundan boshlab «Ustasi farang» emas, «Yago» boʻldi endi u!

Otovul battar xunob boʻlib, qizishib uqtirishga tushdi: «Endi anovi ustasi farangni qoʻya turib, manovi oʻyinga kelaylik! Bu qanday nogʻora bazm boʻldi oʻzi?! Kelar yoʻlimizda bir gurjidan otning erkagini koʻrsatib, «Bu erkakmi?» deb soʻragan edik, u aytdiki, «Yoʻq, bu erkak emas, shunchaki aygʻirgina! Chinakam erkakda yana pul ham boʻlishi kerak!» Men oʻsha gurjiga qoʻshimcha qilib sizlarga aytamanki, odam bolasi puldor boʻlgani bilan ham oʻz-oʻzidan chinakam erkak boʻlib qolmaydi. Erkakda avvalo oriyat, hamiyat, sha’n-shavkat degan eng bebaho xazina-yu ganjinalar boʻlishi kerak! Shu bebaho boyliklar mana bu yerida boʻlishi kerak! – Otovul qoʻlini musht qilib chap koʻksiga dursillatib urdi. Keyin belbogʻini yechib, xuddi koʻzboylagʻich qoʻtosning koʻz oldida qizil matoni koʻz-koʻz qilgandek, oppoq belbogʻini yigʻilganlarning koʻz oldida yozib silkitdi. – Mana, manovi toʻrtburchak oq mato toʻrt qutbning timsoli xisoblanadi. Shu timsoldan bir juft yirtiladi. Ular «chorchi» deb ataladi. Mana shu chorchidan biri erkakning beliga bogʻlanadi-da, unisi «belbogʻ» deb, yana biri ayolning boshiga bogʻlanadi-da, bunisi «roʻmolcha» deb ataladi. Shuning uchun ham bizning Turonimizda «Belingda belbogʻing bormi?» degan savol «Erkakmisan oʻzi?» degan ma’noni anglatadi. Xuddi shunday, «Boshingda roʻmoling bormi?» degan savol «Ayolmisan oʻzi? Boshingda panohing bormi?» degan ma’noni anglatadi. Erkak shuning uchun ham erkakki, u oʻzining belidagi oppoq belbogʻi bilan ayolining boshidagi oppoq roʻmoliga gard yuqtirmasdan avaylab-asraydi. Erkak avvalo biron boshqa erkak qoʻlini ham ushlamagan, hattoki oʻz tuqqan onasi oʻpmagan bir bokira qizni umr yoʻldoshi sifatida tanlab, uning boshiga roʻmol oʻraydi. Bu «Mening ikkinchi yarmim!» degani boʻladi. Anovi yogʻiy... boʻlajak ikkinchi yarmimning qoʻlini emas, belini bemalol ushlab, hammaning koʻz oldida quchoqlab bagʻriga bosib tursa!.. Bu qanday nogʻora oʻyin, bu qanday maynavozchilik, bu qanday yovvoyilik?! Oʻsha oʻzlaring aytgan «oʻtaketgan varvarlik» mana shu emasmi?! «Varvarlik»ning cheki-chegarasi bor-ku, axir!..»

Uning chin yurakdan yonib-kuyib aytgan gaplarini diqqat bilan tinglab turganlar shu yerga kelganda beixtiyor qarsak chalib yubordilar. Biri olib, biri qoʻyib, xushnud xitob qildilar:

– Yasha, Attila!

– Bu olamda bor ekansan-ku!

– Mantiqning kattasi Turoningda ekan-ku, bilmay yurgan ekanmiz!

– Ikkinchi shartimizni ham qoyilmaqom qilib bajarding! Endi yuz-qoʻlingni yuvib, aslingga qaytaversang boʻladi!

– Ayni shu lahzalardan boshlab Dezdemonani – senga, seni – Dezdemonaga topshirdik!

– Taqdiringni uzil-kesil hal qiluvchi shartlarni endi Dezdemonaning oʻzidan eshitaverasan, birodar!..

– Ey, barno yigit! – dedi Dezdemona ikkovlon holi qolganlarida. – Sen menga bir qarashdayoq koʻngil qoʻyganingdek, men ham senga bir qarashdayoq koʻngil qoʻygan edim. Men seningdek barno, seningdek dono yigit bilan oʻz hayotimni bir umrga bogʻlashga bajonidil roziman. Lekin butun qavmdoshlarim kabi mening ham shartim bor-da?..

– Har qanday sharting – bosh ustiga! – dedi Otovul qattiq guvranib. – Men bu shartlaringni sen qanday istasang, xuddi shunday ado etishga tayyorman!

– Birinchi shartim shuki, – dedi Dezdemona, – meni oʻz yurtingga olib ketishingdan avval olti oy uyimda yashab, avvalo mening, qolaversa, ota-onam, qarindosh-urugʻlarim, butun yurtdoshlarimning koʻngil rayimizga qarab, koʻngillarimizga yoʻl topib, jamiki sinovlarimizdan oʻtasan, agar shu sinovlarda sinmasang!..

Otovul shartning mohiyatini unchalik tushunmadi. Ichkuyov-kuchukkuyov boʻlib yashashni taklif qilyaptimi bu «Dezdemona» degan pari-paykar? «Koʻngil rayimizga qarab» deganlarini qanday tushunish kerak? «Injiqliklarimizga koʻnib», «xarxashalarimizga chidab» degani emasmi mabodo bu?! Koʻngillariga yoʻl topmogʻi uchun, xoʻsh, nima qilmogʻi kerak boʻladi oʻzi? Qoʻlga oʻrgatilgan laychadek yaltoqlanishi, ignaning koʻzidan oʻtayotgan ipdek eshilib-buralishi, ip oʻtkazishdan avval burni teshilayotganida beixtiyor boʻkirib yuborgan tuyadek yulqinmasdan, aksincha, kurka-tovuqdek pusibgina turishi, sherdek na’ra tortishning oʻrniga qanjiqdek gʻingshib-ulib umrguzaronlik qilishi talab etilmoqdami?!. «Masala»ni aniqlashtirdi, albatta. Ma’lum boʻldiki, yoʻq, bunday emas, boshqacharoq ekan. Shu sinov muddatida eng avvalo er yigitning iroda kuchi, muhabbati, hamiyati, oriyati, madaniyati, sabr-toqati, sabot-matonati va boshqa jamiki insoniy fazilatlari jiddiy imtihon qilib koʻrilar ekan! Oʻylab qarasa, yaxshi, bama’ni gaplar! Bularning ham dunyoga qarashi turonliklarning dunyoga qarashiga anchagina mos kelar ekan-ku! Axir, yigirma besh yoshida «Er» atangan alp yigitning bu yerga kelishidan bosh muddaosi ham kiroyi erkak sifatida ayni shunday imtihonlardan sharaf bilan oʻtishi emasmidi?!.

Sinov muddatining birinchi kunidanoq, ayniqsa, bir hol uning koʻngliga mutlaqo oʻtirishmadi. Bu Dezdemonasi tushmagur!.. Toʻgʻri, tilladek yal-yal tovlanuvchi oltinrang sochlarining goʻzalligiga gap yoʻq! Ularga bir umr maftun-mahliyo termulib oʻtirsa arziydi! «Soch emas bu, sharshara bu, sharshara bu, sharshara!» Lekin sharsharadek shovullab turgan sunbul sochlar ichidagi bosh!.. Uyda ham, koʻcha-koʻyda ham hamisha yap-yalang, ochiq-sochiq, tagʻin deng, bu boshning sohibasi oʻzining shu ahvoliga butkul parvoyi palak! «Ey Dezdemona! – dedi Otovul. – Bizning urf-odatlarimizga koʻra, erkakning besoqol-belboqsizligi qanchalik kechirilmas gunoh, oʻtaketgan uyat boʻlsa, ayolning ham roʻmolcha taqmay, boshqalarga yalangbosh – boshi ochiq holda erkakshoda koʻrinishi ham shunchalik kechirilmas gunoh, oʻtaketgan uyatli hol hisoblanadi! Odatda erkakning beli belbogʻ bilan qanchalik mahkam bogʻlangan boʻlsa, ayolning boshi ham roʻmolcha bilan shunday mahkam tangʻib bogʻlanishi kerak! Bizning Turonimizda boshyalanglik-yalangboshlik ayol zoti uchun yalangoyoqlikdan ming karra ogʻirroq koʻrgilik hisoblanadi. Eng katta fojia – ayol zotining boshida ishonchli panohi, mustahkam boshpanasi yoʻqligi, boshi ochiqligi deb qaraladi. Shuning uchun ham yosh qizchalar boshlariga – durracha, oilali ayollar – qiyiqcha, kayvoni onaxonlar – qoshbogʻ bogʻlab yuradilar. Bu bosh kiyimlarning hammasi bir soʻz bilan «roʻmolcha» deb ataladi. Bu yerga kelayotib bilib oldik: masalan, slavyanlar uni «kosinka» deyishar ekan!.. Sen erta bir kun sinov muddatimiz tugaganidan keyin men bilan Turon mamlakatiga borib, Turon hoqonlari – xun tangriqutlarining pushti-palaklarini tugʻib-oʻstirib, tarbiyalab-voyaga yetkazishing kerak boʻladi. Buning uchun bizda avvalo ayol zotining boshi bogʻliq boʻlishi talab etiladi. Shu paytga qadar sening boshing ochiq boʻlsa boʻlgandir, buning uvoliyu savobi ota-onang bilan xalqingga havola! Lekin endi sen boshi ochiq emas, boshi bogʻliq ayolsan-ku! Mana men sening pushtipanohing boʻlib yoningda turibman-ku! Modomiki mening boʻlajak hasmi-halolim, tugʻilajak bolalarimning onasi ekansan, onam Oqqiz ataylab berib yuborgan, oʻzim jon qushidek asrab yurganim manovi bir juft oppoq chorchidan birini boshingga roʻmolcha qilib mahkam bogʻlab ol! Bu roʻmolchaga gard yuqtirma, hech qaerda boshingdan ola koʻrma! Faqatgina mening oldimda uni yechishga haqlisan, shuni unutma!

Roʻmolchani dastlab taqib koʻrganida «Voy, biram yarashdiki!» deya astoydil suyungan Dezdemona ertasiga Otovulga qarshi bosh koʻtarib, norozilik bayonoti e’lon qildi:

– Ordona qolsin bu savil! Bu boshogʻriqni boshqa taqolmayman, tamom-vassalom! «Doniyo – zindon!» deya xitob qilgan ekan zolimlarning zugʻumu nohaqliklaridan yuragi oʻrtangan bir sitamdiyda shahzoda. Oʻylab qarasam, oʻsha shahzodaning Doniyosi emas, sening Turoning zindonga oʻxshaydi-ku! Xoʻsh, agar men boshim bogʻliq boʻlishini istamasam-chi, aksincha, boʻsh, erkin, ozod bosh boʻlishini istasam-chi? Nima qilasan? Bu istagimni qanday yoʻq qila olasan?!.

Otovulning qattiq boshi qotdi. Darhaqiqat, odam bolasining istagini qanaqasiga yoʻq qilish mumkin? Ayniqsa, ozodlikdek joʻyali istakni zulm-zugʻum, tazyiq oʻtkazmagan holda tinch yoʻl bilan yoʻqotish, uning oʻrniga, oddiygina insoniy madaniyat urugʻini oʻtqazish mumkin?! Baland kelib zulm-zugʻum oʻtkazishdan ham, past kelib yalinib-yolvorishdan ham tiyilib, oddiygina insoniy murosa-madora yoʻlini tutishi, jumladan, yotigʻi bilan tushuntirishi, shu yoʻl bilan yalang boshidagi insoniy miyasining tarxini ochishga harakat qilishi kerak boʻladi, albatta. Yagona chora shu!

– Axir, tushunsang-chi, Dezdemona, azizim! – sevgilisiga mehr bilan boqib ohista gap boshladi Otovul. – Istakda ham istak bor-da! Oʻzing jiddiyroq bir tanangga oʻylab qara! Tangri Taolo bu olamni faqatgina «Harakatda – barakot» deb emas, balki saralash asosida yaratgan. Olamda hamma narsa saralanadi, saralanishi ham kerak! Faqat saralanishning sharofati bilangina hamisha zoʻrdan zoʻr chiqadi. Aks holda gʻoʻrdan gʻoʻr, koʻrdan koʻr, shoʻrdan shoʻr chiqaveradi!.. Masalan, dehqonchilikda eng sara urugʻni eng sara urugʻga qoʻshish orqaligina ulardan ham zoʻrroq urugʻga ega boʻlish mumkin. Chorvachilikda ham, ovchilikda ham... Mana, men yurtingga minib kelgan manovi qorabayir otga qara! Avval-boshda asli-nasli eng zotdor aygʻirning eng zotdor biyaga qoʻshilishidan dunyoga kelgan eng goʻzal qulun boʻlgan edi bu qorabayir, bildingmi?! Shuning uchun ham u asl tulpor boʻlib voyaga yetgan! Bu olamda hamma jonzotlar kabi odam bolasi ham juft-juft qilib yaratilgan! Lekin hamma gap juftlashishning oʻzida emas, kim bilan kimning qachon qanday juftlashishida! Nega bizning Turonimiz hoqonlari oʻz juftlarini goh Xitoy imperatori, goh Hindiston rojasi, goh Eron shohanshohi, goh Yunon qaysarining muhtasham saroylaridan qidirganlar-da, koʻpincha topganlar ham?! Chunki mana shu yoʻl bilangina butun olamga, butun bashariyatga tatiydigan barkamol avlod, navqiron nasl, komil insonning dunyoga kelishi mumkin boʻladi. Bunday chinakam otovulni dunyoga keltira olgan oila butun bashariyat ibrat olsa arziydigan kiroyi oila boʻladi. Bizning Turonimizda «Erkak – uyning ustuni, ayol – chirogʻi» deydilar. Ustun qanchalik baquvvat, chiroq qanchalik yorugʻ boʻlsa, demak, uy ham shunchalik obod-farovonu yorugʻ-nurafshon boʻladi. Odatda oilaning ustuni boʻlmish erkakning quvvati – belida, oilaning chirogʻi boʻlmish ayolning quvvati – boshida boʻladi. Baquvvat bel bilan tillo bosh esa, belbogʻ bilan roʻmolcha orqali himoyalanadi. Axir, sogʻlom urugʻ qaqroq choʻlga va yo botqoq-koʻlga emas, hosildor yerga ekilishi kerak boʻladi-da! Ana shundagina kutilgan hosilni olish mumkin-da! Shuning uchun bizning Turonimizda, ayniqsa, ayol zotining yengiltakligi, suyuqoyoqligi, boshi ochiqligi, beboshligi, oilasizligi qattiq qoralanadi. Bu ozodlik istagi emas, boshboshdoqlik deb tushuniladi. Avlodlarning barkamolligiga jiddiy putur yetkazishi mumkin boʻlgani uchun ham bu istak illat sifatida qattiq qoralanadi. Shu oddiy haqiqatni toʻgʻri tushun-da sen ham endi!..

– Mayli, sen aytganingcha boʻla qolsin, ey barno yigit! – dedi Dezdemona. – Faqat yalang boshni emas, roʻmolcha oʻralgan boshni ozod bosh deb his qilishim uchun, xuddi men senga olti oylik muhlat belgilaganimdek, sen ham menga olti oylik muhlat ber! Men ham shu sinovdan koʻngildagidek oʻtishni juda-juda istayman. Faqat oʻzimni senga har jihatdan munosib jufti halol deb his qilishim – ruhan tayyor boʻlishim uchun imkon berishing kerak-da sen ham?!.

– Bajonidil! – dedi beixtiyor dil-dildan orziqib Otovul. – Axir, bu olti oy faqat men uchun emas, sen uchun ham sinov muddati boʻlsa, ayni muddao-ku! Faqat bir iltimosim shuki, manovi belimdagi belbogʻimga koʻzga koʻrinmas uzvlar bilan bogʻlangan shu roʻmolchani jon qushidek asrab-avaylaysan, unga dogʻ tushirmaysan, yoʻqotib qoʻymaysan, mayli, faqat oʻzing istagan paytingdagina boshingga durracha qilib taqasan! Men «Qani roʻmolcha?» deb soʻraganimida «Mana!» deb koʻrsatasan! Kelishdikmi?

– Kelishdik! – yal-yal yonib rozi boʻldi Dezdemona. – Agar sen tuhfa qilgan roʻmolcha boshimda boʻlmasa, bilginki, yuragimning toʻrida boʻladi! Agar shu ahdu paymonimizga sodiq qolmay, sening ishonchingni oqlayolmasam, mayli, oʻsha kuniyoq meni boʻgʻib oʻldirsang ham roziman!

– Boʻpti! – Dezdemonani bagʻriga mahkam bosib, aqiq labiga lablarini qoʻydi Otovul. Soʻng uning moviy koʻzlariga mehr bilan tikildi: – Faqat sen oʻlim haqida boshqa gapirma! Axir, biz oʻlish uchun emas, birga-birga yashash uchun ahdu paymon qilmoqdamiz-ku, toʻgʻrimi? Ishonamanki, biz bir-birimizni boʻgʻib-boʻgʻishib-boʻgʻilib emas, aksincha, suyib-erkalab-ardoqlab yashaymiz! Umid qilamanki, har ikkimiz shu sinov muddatidan sharaf bilan oʻtamiz. Mana, olti oylik sinov muddatining uch kunini yaxshigina oʻtkazdik, endi qolgan bir yuz sakson kuni ham!..

Shu kundan e’tiboran Otovul Dezdemonaning har bir istagini bajonidil muhayyo qilaverdi. Afsonaviy Farhoddek togʻni qoʻpor dedi – qoʻpordi. Paygʻambardek dengizni kech dedi – kechdi. Jahongirdek butun imperiyani oʻzingga boʻysundir dedi – boʻysundirdi. Oʻzi erkak sha’niga munosib tarzda birin-ketin oʻtayotgan bu imtihonlarga javoban Dezdemonaning oldiga oʻqtin-oʻqtin birgina savolni koʻndalang qoʻydi, xolos: «Qani roʻmolcha?» Dezdemona har gal «Mana roʻmolchang, azizim!» deya dam boshidan, dam koʻksidan olib koʻrsatganida oshiq koʻngli togʻdek yuksalib, oʻzini har nega qodir, yengilmas bahodir, jahongiru sohibqiron deb his qildi.

Sinov muddatining yarmidan koʻpi shu zaylda kechdi. Lekin... kunlaru oylar oʻtishi bilan Dezdemonaning avvaliga koʻngliga juda-juda xush yoquvchi erkaligi-shoʻx-shaddodligi tobora oshib-toshib, oʻtaketgan tantiqlik-tannozlikka aylanaverdi. Erkak sha’niga munosib bir shartni endigina bajarib kelganida «Mana, roʻmolchang» deb koʻrsatadi-da, butunlay nomunosib yana bir shartga oʻtadi: «Endi mening oppoq oyoqlarimni yuvib qoʻyasan!», «Endi mening tillarang sochlarimni oʻz qoʻllaring bilan tarab, oppoq yuzimni oʻz qoʻllaring bilan pardoz qilib qoʻyasan!», «Endi anovi laychaga taqlid qilib mening poshnalarim ostida jilpanglaysan!..» Avvaliga bunday shartlarning har ikki tomonning ham sha’niga yarashmaydigan darajada bema’niligini uqtirishga urinib koʻrdi: «Bu qanday gap axir, azizim Dezdemona?! Kiroyi erkakni toptab-tahqirlab, poy-patakka aylantirib, tagʻin uni xotinchalishlikda ayblash... oqila ayolga munosib ishmi shu?! Erkakning sha’nini tahqirlab xotinchalishlikda ayblayotgan erkakshoda ayol!.. Xuddi pulsiz-boyliksiz va oriyat-hamiyatsiz erkak oddiygina aygʻirmi-hangi deb atalganidek, bunday ayol ham «urgʻochi», «moda», «baytal», «qanjiq», yana allambalo deb atalishi mumkin, ammo hech qachon chinakamiga Hazrati Ayol boʻlolmaydi! Nahotki shu oddiygina haqiqatni tushunishni istamasang?! Axir, men oʻz yurtimning hoqoniman, Buyuk Turon hoqonlariga munosib vorislar, oʻzimdan barkamolroq avlodlarga ota boʻlish umidida sening poyingga bosh urib turibman-ku! Mening begʻaraz niyatimni toʻgʻri tushunib, haddingdan oshma-da, insofga kel-da sen ham endi, azizim!..» Lekin Dezdemona qattiq oyoq tirab turib oldi: «Men sening shartingga chidab, roʻmolchangni dam boshimda, dam koʻksimda, dam qoʻlimda asrab-avaylab yurganimdan keyin sen ham mening shartlarimga chidashing kerak – chidaysan-da, chidamay qayoqqa ham borarding!» Har nega qodir Otovul oʻzini shu yerga kelganda oʻtaketgan ojiz-natovon his qildi: Turon yurtida Alp Er ota bilan Oqqiz ona, butun oq xunlar yoʻllariga zor-intizor boʻlib kutib turgan boʻlsa! Notavon koʻngli shu pari-paykarning ixtiyorida boʻlsa! Sinov muddatining koʻpi ketib ozi qolgan boʻlsa!.. Koʻnglimdagi pari-paykarni topdim-u, lekin uning injiqligini koʻtarolmadim» deya soʻljayibgina qoq-quruq borish... uning Erlik, Otovullik sha’niga munosibmi shu ish?!. Nachora, chidashga toʻgʻri keladi, koʻpi ketib, ozi qoldi-ku, deya oʻzini oʻzi ovutdi. Lekin kunlar oʻtishi bilan Dezdemonaning tannozlarcha xarxashalariga atrofidagilarning tahqiromuz nazarlari, hazil-mazaxlari, kalaka-masxaralari... qoʻshilib, dard ustiga chipqonga aylanaverdi. Ayniqsa, «ustasi farang» laqabi bilan ma’lumu mashhur anovi «Yago» deb atalgan yogʻiyning bitmas-tuganmas fitna-fujurlari!.. Naq jonidan toʻydirayozdi, lekin tishini tishiga bosib chidadi. Oy sanab, kun sanab, soat sanab, nihoyat, bir yuz saksoninchi kunning tonggini mushtoqlik bilan qarshiladi. Olti oylik sinov muddatining shu bir soʻnggi kunini ham bir amallab oʻtkazsa bas, Dezdemonani yoniga olib, Turon sari qushdek uchadi u! Otasi Alp Er hoqon bilan onasi Oqqizga Dezdemonani koʻz-koʻzlab, koʻngli faxru gʻururga toʻlib tanishtiradi: «Mana, dunyoning eng goʻzal va eng bokira qizi, oti ham, zoti ham, asli ham, nasli ham chinakamiga pari paykar, mening ikkinchi yarmim, xun tangriqutlarining yangi nasli, sizga munosib barkamol avlodning volidai mukarramasi!..»

Uning nurli orzularini Yogʻiyning bemavrid tashrifi kunpayakun qildi. «Oʻzi sovuqning soʻzi sovuq» deganlari, o, naqadar haq-rost ekan, har bir soʻzi naq yuragiga nashtardek sanchildi: «Ishonganing Dezdemona Kasio bilan don olishib yuribdi! Ishonmasang, roʻmolchangni shu bugun yana bir marta soʻrab koʻr-chi oʻzing! Roʻmolchangni Kasioning yotoqxonasidan topasan, men senga ochigʻini aytsam!»

«Yago» degan yogʻiyni sanqi itni quvlagandek quvlab yubordi-yu, shunda ham koʻngli taskin topmadi. Qafasdagi arslondek najot istab asabiy bir shiddat bilan na’ra tortib toʻlgʻondi! Ortidan musht oʻqtalib hayqirdi: «Ey yogʻiy! Agar shu gaplaring boʻhton boʻlsa, bilib qoʻyki, qorningga qoziq qoqaman! Agar rost boʻlsa, agar ishongan Dezdemonam mening koʻzimga choʻp solib, ishonchimni sarobga aylantirib, umidimni puchga chiqarsa, sen ustasi farangni ham, butun Yevropangni ham ayab oʻtirmayman, shuni bilib qoʻy!!! Oʻt bilan oʻynashish, oʻyindan oʻt chiqarishning oqibati qanday boʻlishini koʻzingga koʻrsataman hali!!!» Yogʻiy qochib ketayotib uni masxaralab kular ekan, qichqirdi: «Bekor ovora boʻlganing qoladi, hoy yovvoyi osiyolik! Sharq bilan Gʻarbning qoni qirq yil emas, qirq asr birga qaynasa ham hech qachon qoʻshilmaydi! Biz boshqa-boshqa dunyolarmiz, bildingmi?! Bu oddiygina haqiqatni Dezdemona ham yaxshi biladi! Basharti uni oʻzingning Turoningga olib ketgan taqdiringda ham, erta bir kun oʻsha yoqlarda sening emas, oʻzining pushti-palagini oʻstirib-undiradi, shuni yaxshi bilib qoʻy!..»

Otovulning aqli bovar qilmadi: nahot olti oylik sinov muddatining oxiri shunday voy boʻlsa?! Nahot bu olamda odam bolasi uddalashi mumkin boʻlmagan bir ishga bekor-behuda ovora-sarson boʻlib yurgan boʻlsa u?! Nahot bu dunyoi dunda Janub bilan Shimol til topisha oladi, hattoki chor darveshdek toʻrt qutbdan kelgan toʻrt sayyoh ham oʻzaro til topisha oladi-yu, nihoyati birgina ulkan qit’aning Sharqi bilan Gʻarbi hech qachon til topisholmaydi?! Hamisha bir-biriga yogʻiy, gʻanim, yov emas, doʻst-yor, birodar, oʻrtoq, bir tanu bir jon boʻlolmaydi?! Nahot Sharq bilan Gʻarbni birlashtira oluvchi kuch bu olamda yoʻq?! Nahot ishongan Dezdemonasi ham shu ezgu orzuini birgalikda bahamjihat ushatishning oʻrniga uni har bob bilan aldab-avrab, shunchaki laqillatib yurgan boʻlsa?!. Agar shunday boʻlsa, basharti anovi fitnakor yogʻiyning gaplari rost boʻlsa, Turon yurtiga nima deb, qanday bosh koʻtarib, qanday qaytadi endi u?! «Sharqlik bilan gʻarblikning qoni hech qachon qoʻshilmas ekan!» debmi? «Qidirgan jufti halolimni topishga topdim, lekin unga erisholmadim, chunki u butunlay boshqa bir dunyo, buning ustiga, xiyonatkor ekan!» debmi?.. Erkak sha’niga nomunosib bunday oʻtaketgan isnod yukini zimmasida koʻtarib borganidan shu yerlarda sanqi itdek xor boʻlib oʻlib ketgani yaxshiroq emasmi?! Mona Liza – Dezdemonaning koʻzlarida sirmi, sehrmi, jodumi, fitnami, vafo-sadoqatmi, muhabbatmi, nafratmi... nima yashiringan, aslida, oʻzi?!.

Dezdemonaning yotoqxonasiga seldek bostirib kirib, oxirgi marta «Roʻmolcha qani?!» deb soʻradi. Biroq Dezdemonaning bezovtalanib koʻzlarini olib qochishi, uzuq-yuluq gaplari uning yuragini battar oʻrtab, oʻt boʻlib yonayotgan vujudidan olov-otash baayni vulqondek otildi: «Uvvv!.. Immm!..» Asabiy holda qoʻllarini panshaxa qilib Dezdemona tomon odimlar ekan, savolni qayta-qayta takrorladi: «Roʻmolcha qani?! Qani roʻmolcha?!»

...Oradan oʻn asrdan koʻproq vaqt oʻtib, buyuk ingliz dramaturgi Vilyam Shekspir Otovulning koʻrgiliklari – Otello fojiasini qoyilmaqom qalamga oldi. Oradan tagʻin besh asr oʻtib, Shekspirning «Otello» tarixiy fojiasi buyuk Choʻlpon tomonidan oʻzbek tiliga qoyilmaqom tarjima qilindi. Oradan sanoqligina yillar oʻtib, bu fojia buyuk rejissyorimiz Mannon Uygʻur tomonidan oʻzbek teatri sahnasiga qoyilmaqom olib chiqildi. Otello rolini buyuk aktyorimiz Abror Hidoyatov qoyilmaqom ijro etdi. Bu tarixiy fojia hatto buyuk Shekspir vorislari tomonidan ingliz teatri sahnasida namoyish etildi. Abror Hidoyatov Otello rolini maromiga yetkazib ijro etgan jahonning eng mohir aktyori sifatida ingliz tomoshabinlarining oʻzlari tomonidan haqqoniy e’tirof etildi. Rivoyat qilishlaricha, hatto Dezdemona rolini ijro etayotgan Sora Eshontoʻraeva «Abror aka, sahnadasiz! Abror aka, sahnadasiz!» deya oʻqtin-oʻqtin eslatib turgan ekan, toki buyuk aktyor «partnyor»ini yolgʻondakam emas, chinakamiga boʻgʻib qoʻymasin!.. Oʻylab qarasangiz, buning hech bir ajablanadigan joyi yoʻqdek! Zotan, Otello rolini oʻzbek aktyori Abror Hidoyatovdan oshiribroq ishonarli ijro etish... amalda mumkin emas-da! Axir, eramizning boshlarida Turonzaminga qaytib kelolmasdan begona yurtlarda armon bilan oʻlib ketgan Buyuk Turon hoqonining iztirobini ich-ichdan his qilib, uni oʻz tuprogʻiga qaytarish istagi oʻzbek aktyoridan boshqa qay bir aktyorning koʻnglida kuchliroq boʻla olardi deysiz! Jahonning boshqa jamiki mohir aktyorlari buyuk Shekspir yozib qoldirgan gaplarni qoyilmaqom ijro etishi mumkin, albatta. Lekin u yozib qoldirmagan, faqatgina oʻzbekona qalb qa’ridan baayni vulqondek otilib chiqqan «Uvvvv!» bilan «Immm!»ni oʻzbek aktyori Abror Hidoyatovdan boshqa kim ham maromiga yetkazib ijro eta oladi, axir?! Bu uv, bu uvvos, bu im, bu imlash nainki oʻzbek, balki butun jahon tomoshabini qalbini larzaga solishga qodir! Shuning uchun ham «Oʻzbek Otellosi»da u!..

«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 2-sonidan olindi.