OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Otauli. Risola (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOtauli
Asar nomiRisola (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Otauli
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 2011-yil, 6-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Risola (hikoya)
Otauli

– Xoʻp boʻladi, aka!

Qoʻlyozmani bir kundayoq oʻqib tushirdi. «Yoʻqotilgan gʻov» degan dumbul tadqiqot, xom-xatala narsa, chala ilmiy risola! Qadimda ota-bobolarimiz, garchi Xitoy devorichalik boʻlmasa-da, har qalay, yovning kelar yoʻliga oʻziga xos toʻsiq, barrikada, himoya qobigʻi, xullas, gʻov tiklagan emish. Bu gʻov devor emas ekan. Tuproqqal’ani bunyod etishdan avvalroq ota-bobolarimiz soy suvidan, qalin oʻrmonzordan, yana boshqa toʻsiqlardan himoya vositasi sifatida foydalangan emishlar. Bunday gʻovlar ke­yinchalik – tuproqdan devor tiklana boshlangach, vaqti-soati bilan yoʻqolib ketgan emish...

Boʻlsa bordir! Bir qarashda yangicha ilmiy fikrga oʻxshaydi bu! Tariximiz Tuproqqal’adan ham qadimiyroq deyilmoqchi! Bu-ku yaxshi! Lekin... har qanday ilm aniq dalillarga, mustahkam asoslarga ega boʻlsagina ilm! Oʻsha dalil, asos boʻlmaganidan keyin... hammasi shunchaki havoyi gap-da! Qaysi bir qadimiy qal’a xarobalarining atrofida halqa boʻlib oqqan soy oʻzani saqlanib qolgan, xoʻsh?! Bizning mintaqamizda qaysi shaharning atrofi qachon quyuq oʻrmon bilan oʻralgan?! Qaysi yozma manbada shu haqda ma’lumot keltirilgan? Aniq dalil, mustahkam asosga ega boʻlmagan har qanday faraz... chinakam ilm emas, shunchaki taxmin, tusmol, oddiygina xomxayol boʻlib qolaveradi-da! Ilmiy risola emas, fantastik asar boʻlsaki, aravani quruq olib qochaversang! Holbuki chinakam fantastika ham daliliyu asosi bor ilm hisoblanadi. Shuning uchun u ilmiy fantastika deb ataladi!..

Koʻpni koʻrgan qadimshunoslik institutiga kimlar kelib, kimlar ketmaydi, ishi igna bilan quduq qazishdek doʻzax azobiga mengzagulik olimlikni kimlar oʻzicha havas qilmaydi deysiz! Bu olamda kim koʻp – havaskor tadqiqotchi, xonaki donishmand koʻp! Har bir oʻqilgan qoʻlyozma muallifiga, agar u shahri azimning qoq markazida yashagan taqdirda ham, «Marhamat, kelib fikrimni eshiting!» deb xabaru taklif qilish kimga nima uchun zarur? Tuyaga yantoq kerak boʻlsa boʻynini choʻzadi-da! Fikr kimga kerak, fikr egasigami yoki fikr soʻrab turgan havasmand tadqiqotchigami?..

Kunlardan bir kuni ilmiy kotibning xonasiga bir yigit kirib keldi va bunday dedi: «Men falon viloyatda yashab turgan «Yoʻqotilgan gʻov» risolasi muallifining jiyani boʻlaman. Togʻamning mazalari yoʻq edi, men qoʻlyozmamni tezda qaytarib olib borar ekanman, nashr etadigan himmatli homiy topilibdi». Tabiiyki, ilmiy kotib masalani aniqlashtirdi: «Men ovora boʻlib qoʻlyozmani oʻqib chiqdim. Endi fikrimni kimga aytaman?..» Jiyan qoʻshimcha tushuntirish berdi: «Fikrning keragi yoʻq ekan dedim-ku! Qoʻlyozmaning oʻzini qaytarib bersangiz boʻldi, aka! Togʻam betoqatlanib kutib oʻtiribdi!..»

U yigitni boshlab oʻrinbosarning oldiga kirdi. Afsuski, rahbar qandaydir yigʻilishga ketibdi. Bu yoqda yigit «Qoʻlyozmani bugun yetkazib oborishim kerak!» deb qistalang qilib turibdi. «Falon joyda yashovchi falonchining falon qoʻlyozmasi, men u kishining tugʻishgan jiyaniman», deya oʻzi oʻz ogʻzi bilan aniq-tiniq aytib turganidan keyin... hujjatiga qarab, tilxat yozdirib yo boshqa rasmiyatchiliklarga berilib oʻtirmadi-da, qoʻlyozmani yigitchaning qoʻliga tutqazdi-yubordi! Qoʻlyozma kerak ekanki, olaversin, ana! Oʻzi kelar Laylixon, oʻzi ketar Laylixon! Zorimiz bor, zoʻrimiz yoʻq! Har qalay, institutning ham, oʻzining ham bunaqangi boʻsh risolaga muhtojlik joyi yoʻqligi aniq!..

Oradan ozgina vaqt oʻtar-oʻtmas shunaqangi kutilmagan gʻalvalar boshlanib ketdiki!.. Avvaliga Fanlar akademiyasi prezidenti nomiga yozilgan shikoyat xatini kotiba qiz olib kirib ilmiy kotibning qoʻliga tutqazdi. Shikoyat xati bilan tanishib uning miyasiga qon tepdi. Xatda Qadimshunoslik ilmiy tadqiqot institutining ilmiy kotibi oʻzining «Yoʻqotilgan gʻov» ilmiy risolasi qoʻlyozmasini yeb qoʻygani, ichib qoʻygani, oʻzlashtirib olgani aytilgan edi! Tabiiyki, yangi direktor ham, uning yangi oʻrinbosari ham eski ilmiy kotibdan tushuntirish soʻradi. U ogʻzaki emas, batafsil yozma tushuntirish berdi. Shu bilan koʻngli xotirjam boʻldi: hayotda bunaqa anglashilmovchiliklar boʻlib turadi. Muhimi – ularga aniqlik kiritildi-ku! Qoʻlyozmani yetti yot begona emas, tugʻishgan jiyan olib ketdi-ku oʻshanda! Ana, muallif begonadan emas, oʻz jiyanidan soʻrab-surishtiraversin-da!..

Oradan yana ozgina vaqt oʻtib-oʻtmay kotiba yangi bir rasmiy xatni olib kirib ilmiy kotibning qoʻliga tutqazdi. Endi Fanlar akademiyasi emas, biryoʻla ulkan mamlakat rahbari nomiga yozilgan shikoyat xatining mazmun-mohiyati... dahshat! Nohaqlikka barham berib, adolatni qaror toptirish, nopok, qoʻli egri, koʻchirmachi, mas’uliyatsiz ilmiy kotibga tegishli jazo berish, hech boʻlmaganda Qadimshunoslik institutidan badargʻa qilish soʻralgan edi oʻsha xatda! Ana xalos, pishdi gilos! Masalaning bunday jiddiy tus olishini kim oʻylabdi deysiz?! Negayam gʻaflat bosib jiyanga qoʻlyozmani aqalli bir jumla tilxatsiz ogʻzaki gapga ishonib shundoqqina berib yubora qoldi oʻzi oʻshanda?! Qachon bu xalq oʻzbekona ishonuvchanligu soddadillikdan qutular ekan-a?! Balki, aslida, jiyan emas, butunlay begonadir, bundan chiqdi? Oʻsha muallif bilan ikki oʻrtaga bir gʻalamis quyushqonga qistirilgandek qistirilib, makkorona ishini bitirib ketgan boʻlsa-chi? U yoqda muallif homiy topib kitob chiqaraman deb turganda qoʻlyozmasini qaytarib ololmay xunob, bu yoqda qoʻlyozmani qoʻshqoʻllab tutqazgan ilmiy kotib!.. Endi nima qilish mumkin?! Hozirgi vaqtda chekka bir viloyatga borib, «masala»ni aniqlashtirib, haqiqatni qaror toptirib kelish osonmi?! Qolaversa, buning oqibati qanday boʻlishini kim oldindan ayta oladi?! Institutdan avvalroq oʻsha viloyatdan badargʻa qilinishi ehtimoldan holi emas!.. Oʻylay-oʻylay, qoʻlidan kelgani – yana bir tushuntirish xati yozish boʻldi. Oʻrinbosarga yozma tushuntirishga qoʻshimcha ogʻzaki tushuntirishlarga ham zoʻr berib anchagina zoʻriqdi. Yangi rahbar unga tasalli-taskin bergan boʻldi: «Hay, mayli, mana, yana bir marta batafsil yozma tushuntirish beribsiz-ku, balki shu bilan tinchib ketar, oʻzida qoʻlyozmaning boshqa nusxasi bordir, shunchaki vahima qilayotgandir, mayli, koʻp kuyinavermang endi, bu yogʻi bir gap boʻlar, sogʻligingizni oʻylang-da!..»

Oradan yana ozgina vaqt oʻtib, institutning yuqori mahkamadagi mas’ul mutasaddisi bevosita uyiga qoʻngʻiroq qilib aytdiki: «Qoʻlimizda falon viloyatda yashaydigan falonchi olimning ustingizdan yozilgan yangi shikoyat xati turibdi. U kishi sizni sudga bermoqchi ekan! Marhamat qilib huzurimizga kelib, xat bilan tanishib, masalani hal qilib keting, aka!»

Yaqindagina olimlikdan voz kechib, arboblik koʻchasiga mukkasidan ketgan bu «ukasi»ning insoniy fe’l-atvorini yaxshigina biladi u! «Loʻlidan arbob chiqsa chodiriga oʻt qoʻyar» deganlaridek, shaxsiy manfaati yoʻlida oʻzi chiqib kelgan ne bir muqaddas joylarni ham bulgʻalashga tappa-tayyor bir mansabparast! Baland joylarga koʻtarilmasdan avval ham uning antiqa fe’li-xoʻyini bir necha marotaba yaxshigina koʻrgan-bilgan edi u! Shu bois oʻta xushmuomalalik bilan ogʻzaki tushuntirish berdi: «Institut rahbarlarini xabardor qilmay toʻppa-toʻgʻri sizning huzuringizga chiqib boraverishim qoidaga ham, odobga ham toʻgʻri kelmaydi, ukajon. Shuning uchun men bilan emas, rahbarlarimiz bilan gaplashganingiz har jihatdan ma’qul boʻlar deb oʻylayman, nima dedingiz?..»

Kutilmagan qoʻngʻiroqni rahbarlarga aytib podadan oldin chang chiqarish ham, oʻylab qaralsa, odobdan emas. Chaqimchilikmi-shikoyatga oʻxshab ketadi-da! Qolaversa, asli dilxiralik boʻlganidan keyin! Lekin aytmaslik... tagʻin qanday talqin qilinar ekan?! Bu uchinchi shikoyat xatida, mas’ul xodimning aytishiga qaraganda, «nodir asarning noyob qoʻlyozmasi yagona nusxada yozilgani, uni ham institutning ilmiy kotibi oʻzlashtirib olgani» qayta-qayta uqtirilganmish! Qoʻlyozma topilmasa, aybdorni sudga berarmish! Endi nima qilish mumkin?!.

Tabiatan oʻta ta’sirchan emasmi, boshiga bexos yogʻilgan oʻt balosiyu suv balosidan dahshatliroq tuhmat balosini, hattoki yetti uxlab tushida ham koʻrmagan sud balosini oʻylayverib-oʻylayverib, ich etini yeb, afsus-nadomat chekaverib... axiyri kasal boʻldi. Shifokorlar biror hafta uyda xotirjam yotib davolanishni maslahat berdilar. Lekin bunday ahvol-ruhiyada qanaqasiga xotirjam yotib davolanasan kishi?! Ayni ellik yoshda, erta-indin doktorlik ishini himoya qilamanmi, garchi kechroq boʻlsa-da, mening ham yelkam oftob koʻradimi, oʻn olti yildan buyon shu ilm dargohining tuprogʻini yalashdan murodim hosil boʻlarmi ekan, mana, yangi rahbarlar kelishdi, ular, bilishimcha, tabiatan yaxshi odamlar deya, ne bir orzu-umidlar bilan yurganida... endi bu baloyi nogahonni qanday daf qilish mumkin?! Oqibati nima boʻladi bu bexos boshlangan gʻalvaning?!.

Shunday biri biridan mash’umroq oʻylar iskanjasida iztirob chekib, uyida toʻlgʻanib yotgan kunlardan birida kotiba qiz qoʻngʻiroq qilib aytdiki, «Sizni direktor bilan oʻrinbosar betoqatlanib kutib oʻtiribdi. Agar yura olsangiz, kasal boʻlsangiz ham, birrov idoraga kelib ketar ekansiz!»

Borsa, direktor bilan oʻrinbosar ikkalasi uni rostdan ham betoqatlanib kutib oʻtirishgan ekan. Xonaga kirishi bilan direktor qaygadir qoʻngʻiroq qilib, goʻshakni unga uzatdi. Tinglab qarasa, oʻsha mutasaddi ukaxoni! Kasalligiga qaramay, oʻzining yozgan yana bir tushuntirish xatini oʻzi olib huzuriga zudlik bilan yetib borishini talab qilib turibdi! Beixtiyor miyasiga qon tepdi. Yana oʻsha gapmi?! «Hangomtalab boʻlsang Mahkamaga yoʻrta koʻr, Uch echkini bir loʻli Afsun bilan oʻynatur». Roppa-rosa bir asr muqaddam bir yuragi oʻrtangan haqgoʻy baayni yurak qoni bilan yozib qoldirgan toʻrtlik-da bu! Xoʻsh, hozir-chi? Mahkamada kim kimni oʻynatmoqchi boʻlib turibdi?! Anovi ukasi oʻzini loʻlidek avrab, ayiqdek oʻynatmoqchimi? Endi shu yangi yetishib chiqqan havaskor oʻyinchining nogʻorasiga oʻynashi qoluvdi!.. Gapni qisqa qildi: «Istasangiz, yana bir tushuntirish xati yozib beraman, mayli, agar davlat miqyosida jinoyat qilgan boʻlsam jazolayverarsiz, lekin tushuntirish xatimni oʻzim koʻtarib kasal holimda sizning huzuringizga chiqolmayman, ukajon! Hech kim menga bunaqa vakolat bergan emas, sizga ham!..»

Shu payt simning narigi tarafidagi goʻshakni kimdir olib, unga oʻshqira ketdi: «Oʻsha tushuntirish xatlaringizda yozganingizdek, qoʻlyozmani direktor oʻrinbosaridan emas, bizning huzurimizga chiqib, shaxsan manovi ukamizning qoʻlidan olgan edingiz, esingizdami? Oʻshanda men guvoh boʻlib turgan edim! Olganingizni marhamat qilib qaytaring-da endi!..»

Bu ukasining fe’l-atvori unga yana-da ayonroq! Aslida, olim boʻlib olim emas, yozuvchi boʻlib yozuvchi emas, jurnalist boʻlib jurnalist emas, naq arosatda qolgan bir bandai ojiz! Faqat ayni chogʻda butun olimlar-u ilmiy muassasalar mutasaddilarining kattasi – yuqori mahkamadagi nufuzli boʻlim mudiri! «Savlatidan ot hurkadi» deganlaridek, arboblik shahdu shijoatidan ne bir dongdor olimlar ham choʻchib-hadiksirab turishadi! Lekin qoq tepangda oʻtirib olib, buning ustiga, quyushqonga qistirilib, oshkora baloxoʻrlik qilishi!.. Bunisiga qanday chidab boʻladi?! Oʻzini imkon qadar sovuqqon tutib, gapni qisqa qildi: «Kechirasiz, shu topda baland idorada oʻtirib menga ochiqdan-ochiq tuhmat qilyapsiz! Men sizning huzuringizga hech qachon chiqqan emasman, hozir ham chiqmoqchi emasman!»

Goʻshakni direktorga qaytarib berdi-yu, beixtiyor boshini changalladi: «Nima istashadi oʻzi bular mendan-a?! Ikki marta tushuntirish xati yozib berdim, kerak boʻlsa, uchinchisini, toʻrtinchisi, beshinchisini yozib berishim mumkin! Axir, qoʻlyozmani, mana, oʻrinbosardan olganimu jiyaniga berganim aniq, demak, anovi oʻzingdan chiqqan arbob shunday obroʻli mahkamada oʻtirib oshkora baloxoʻrlik qilayotgani ham aniq-ravshan koʻrinib turibdi-ku! Ochigʻi, oʻn olti yildan buyon shu dargohda boshimga qayoqdan qanday balo yogʻilar ekan deb, bor kuch-quvvatimning yarmidan koʻpini balogardon qidirishga sarflayverib adoi tamom boʻldim, yashamay qaridim!..»

Chin yurakdan boʻzlab aytilgan soʻz har ikki rahbarning qalb torlarini qattiq chertib oʻtdi, shekilli, ular oʻzaro bir koʻz urishtirib, baravariga ovuta boshladilar:

– Aslida, bizning holimiz ham shunga yaqin, uka!

– Qoʻying, koʻp kuyinavermang, sogʻligingizga qarang!..

Bir payt oʻrinbosar oʻrnidan sapchib turib, unga koʻrsatma berdi:

– Mayli, uka, siz koʻp qizishmay, xonangizga chiqing-da, yana bir tushuntirish xati yozib bering! Uni siz emas, mana, men olib chiqqanim boʻlsin yuqoriga! Xatni menga bering-da, oʻzingiz uyingizga qaytib, xotirjam davolanavering!..

...Oradan biror oy oʻtib, ilmiy kotib sogʻayib ishga chiqdi. Oʻrinbosar, hay­tovur, hech nima boʻlmagandek, ochiq chehra bilan koʻrishib, hol soʻrab, «Sogʻayib ishga chiqdingizmi?» deya navbatdagi topshirigʻini berdi. Shunday qilib, xayriyat, u hadiksirab kutganidek hech bir ortiqcha gap-soʻzsiz oʻz ishini davom ettirdi. Oradan tagʻin biror haftacha oʻtib xonasiga bir kishi kirib keldi-da, oʻzini tanishtirdi: «Men oʻsha «Yoʻqotilgan gʻov» risolasining muallifi boʻlaman!» Soʻngra qoʻlini koʻksiga qoʻygan koʻyi undan uzr soʻray ketdi: «Oʻsha sizni kasal qilgan shikoyat xatlarini yozishga majbur boʻlganim uchun sizdan kechirim soʻrab keldim, uka! Iloji boʻlsa, meni kechiring, qattiq pushaymonman! Ochigʻini aytsam, meni aldashdi, ukajon!..»

Zimiston koʻngli daf’atan yorishdi. Oʻtgan oʻtdi, oʻtgan ishga salavot deganlar! Har qalay, mana, haqiqat bor ekan-ku! Mana, risolasi xomroq boʻlsa ham, oʻzi risoladagi ODAM ekan, koʻz oldida oʻtiribdi! Koʻksida vijdoni tinchlik bermagan ekanki, oʻz qilmishiga pushaymon boʻlib, atayin kelib uzrini aytib turibdi! Lekin bu soddadilni aldab, uning qoʻli bilan yana bir soddadilni qon qaqshatib, ikki oʻrtada oʻz ishini bitirmoqchi boʻlgan gʻalamis baloxoʻrlar... ularda ham vijdon bormi ekan? Ularning vijdoni ham qachonlardir qiynalarmi ekan?! «Qozonchida ixtiyor, qaydan quloq chiqarsa» deb, qozon boshida oʻtirib olib, bilgan noma’qulchiligini qilishdan tap tortmagan gʻalamislar, «Erta bir kun shu joyga kelgunimizga qadar anovi gʻovni ikki oʻrtadan koʻtarib tashlasak-da, butkul koʻzdan yoʻqotsak-chi?» deya oʻzicha makkorona reja tuzib, til biriktirgan gʻayurlar... Ular ham qachonlardir insofga kelarmikanlar? Ularning vijdoni qachon uygʻonar ekan-a?! Qachondan boshlangan edi oʻzi bunday oʻz vijdonini arzimas bahoga sotishlar?! Oʻziga gʻov deb bilgan odamni har bob bilan bosib-yanchib, iskanjaga olib, yoppa talab, butkul koʻzdan yoʻqotishga urinishlar! Tuproqqal’aning kuli koʻkka sovurilgan davrlardanmi? Izsiz yoʻqolgan Shumer davlatidanmi? Yo Nuh toʻfonidan ham avvalroqmi?!. Bugungi kunda yana bir toʻfon qoʻpmasligi uchun vijdonsizlarda qanday qilib vijdonni qayta bunyod etish mumkin ekan-a?! Mumkinmi ekan oʻzi shu ish?! Bukrini-ku qabr toʻgʻrilar, lekin vijdonsizni qaerda nima toʻgʻrilay oladi oʻzi?!.