OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Otauli. Shafqat (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOtauli
Asar nomiShafqat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Otauli
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shafqat (hikoya)
Otauli

Biydek dala. Oppoq qor. Achchiq izgʻirin. Bu dunyoda xas-xashakka qirgʻin kelganmi, nima balo! Tumshugʻingni to koʻzinggacha muzdek qorga botirib titkilaysan, ahyon-ahyonda tarashadek qotib ketgan kakrayu yantoq poyalari tilingga ilashadi, xolos. Na ta’mi bor, na bir maza-matrasi. Topilganiga shukur qilib, ikki yamlaganingcha yutasan, qani endi u belingga quvvat, taningga mador boʻlsa! Ikki oʻrtada tilingni achitgani-yu, ichingni muzlatgani qoladi. Ochlikka-ku, mayli, bir amallab chidasa boʻlar, lekin bu sovuq, bu izgʻirin!.. Hali agʻanaganida ustidagi yagʻiri shilinib ketganmi, nima balo, xuddi tuz sepgandek achishib, igna sanchilgandek ogʻriydi. Sovuq shamol uni zaharli tillari bilan betoʻxtov yalaydi. Shunday yalaydiki, chidash qiyin! Ustiga ustak, dahani bilan quymich suyaklarining zirqirashi-chi! Boyagi xoda qattiq tegdi, shekilli-da. Oʻziyam temirga oʻxshaydimi? Qoʻling singurning ayamay urgani-chi! Qani endi, iloji boʻlsayu oʻsha xodani tortib olib, oʻzini boplab tushirsang!..

Bekor bordi oʻsha yoqqa! Xoʻjayinning fe’li unga avvaldan ma’lum edi-ku. Negayam bordi-ya! Xashak oʻrniga kaltak yeb qaytishini bilaturib-a!..

Nachora, boshqa iloji ham yoʻq edi-da. Panoh izlab qayoqqa borsin? Axir, uni bir emas bir nechta ilinjlari boshlab bordi-da. Issiqqina ogʻilxonada jon saqlaymanmi, xoʻtigim bilan (ehtimolki soʻnggi bor) diydor koʻrishamanmi, qoʻyu sigirlardan, loaqal oʻz xoʻtigimdan qolgan xushboʻy xashaklar ogʻzimga tegarmikan, deb oʻyladi-da. Lekin unga tekkani bir juft kaltak boʻldi. Oʻshanda ogʻriq suyak-suyagidan oʻtib ketgach, jon achchigʻida bu yoqqa loʻkillarkan, koʻz oldi qorongʻilashib, dunyo ostin-ustin boʻlib ketgandek tuyuldi. Faqat xoʻjayin emas, hamma odamlarni, hattoki oʻz xoʻtigini oʻlgudek yomon koʻrib ketdi. Oq sut berib, yalab-yulqab voyaga yetkazgan onasini oʻlasi qilib kaltaklashayotganlarini koʻra-bila turib, loaqal bir hangrab qoʻymasa, kelganini ma’lum qilib hangrashiga javob qaytarishni ham istamasa! Jigarbandim bilan diydor koʻrishaman, yalashib-yulqashaman, koʻnglimda borini vasiyat qilaman, degan umidda keluvdi. Xoʻjayindan ehtiyot boʻlishni, bari bir, u yaxshilikni bilmasligini, shu bois hozirdanoq boshqa bir insofliroq xoʻjayinga yukinib borishni tayinlamoqchi edi-ya! Tuqqan onangni tanishni istamay, bergan bir tutam xashagiyu katalakdek boshpanasiga uchib qachongacha shu yaramasning xizmatini qilib yuraverarkansan? Hozir-ku, yoshsan – gʻayrating taningga sigʻmaydi. Oʻsha toshbagʻirning yukini beminnat koʻtarib yuribsanki, seni asrab-avaylagan boʻladi. Erta bir kun menga oʻxshab qarigin-chi, holing ne kechar ekan!..

Yoʻq-yoʻq, issiqqina joyda xushboʻy emishni kurt-kurt chaynab bahuzur yotgan oʻz jigariga gʻayirliga kelganidan bunday oʻylamayapti. Azbaroyi ichi achiganidan. Bemehr boʻlsa ham, jigar – jigar ekan-da! Ishqilib, umri oʻxshamasin. Yuk ostida xor boʻlib oʻtmasin.

Nafsilambri, nima qilsin, u ham bir eshak-da! Eshak boʻlib koʻrgan kuning qursin! Tugʻilganingga pushaymon boʻlib ketasan goho. Kimga maza, qoʻyga maza-da! Hech narsaning tashvishi yoʻq. Bersang – yeyman, ursang – oʻlaman, deb yashayveradi. Sigirni yo loaqal echkini oling. Uning holi ham eshaknikidan chandon yaxshi: egani – oldida, yemagani – ketida, ishi yoʻq, gʻam-tashvishi yoʻq. Hatto orqasi ochiqmi-yopiqmi, sutini uloqchasi emyaptimi yo boshqa birov sogʻib olyaptimi – parvoyi palak. Yana uning shumligi-chi! Oldidagi xushboʻygina bedaga qanoat qilmay, payt poylab turib daraxt qobigʻini kemirishiga nima deysiz? Xoʻjayin boʻlsa, bu shumlikni koʻzi bilan koʻrib turadi-yu, «cha-cha-cha!»dan nariga oʻtmaydi. Agar echkining oʻrnida u shunday qilsa bormi, naq boshida yongʻoq chaqardi, xudo haqi. Qani endi... echki boʻlib tugʻilsa edi... Hech qanday shumlikni oʻylamay, boriga qanoat qilib yashardi, Xudo haqqi!

Nachora, chekingga tushsa chekchayma ekan, boriga shukur qiladi-da! Echkining qismatiga shumlik bilan noshukurlik, eshakning qismatiga yuk tashish yozilgan ekan! SHuncha yil yashab, biron-bir mehnatkash echkiniyam, shum eshakniyam uchratmadi. Ovsarlarcha betoʻxtov yuk tashish ularga tan ekan!..

Tunov kuni deng, yonidagi oʻziga oʻxshash ishga yaroqsiz qari-qartanglar bilan shu yaydoq dalada «sayr qilib» yurishuvdi, uzoqdan bir hangi koʻrindi: ustida – bir barzangi, barzangining qoʻlida – qamchin. Quloqlari shalpaygan, ihrab-sihrab, oyoqlarini bazoʻr sudrab kelyapti. «O, bechora, hangiliging ham qolmapti-ku!» deya unga achingancha tikilib turuvdi, yaqinroq kelganida qarasa, tanishga oʻxshadi. Nursiz koʻzlariga koʻzi tushdi-yu, darrov tanidi: bu – oʻsha hangi! Beixtiyor hangrab yubordi. U ham eslarmikin deb andak kutdi. Yoʻq, tanimadi. Boshini quyi osiltirib, bellariyu oyoqlari bukilib-bukilib, toʻxtamasdan oʻtdi-ketdi bechora. Demak, uyam shu yoqlarga kelib qolibdi-da, deb oʻyladi beixtiyor. Bir paytlar qanaqangi hangi edi u! Baquvvat, chapdast, chiroyli, yugurik. Xoʻtiklik yillarini birga kechirishgandi. Ohista odimlay turib, totli xotiralarga mukkasidan shoʻngʻidi. Yuragi orziqdi. O, oʻsha balogʻat onlari! O, yoshlik! Ikkovlon uzoq-uzoq quvlashmachoq oʻynar, u qochar, hangi quvlar va ikkisi ham birday xursand edilar. Hangi tanti, mehribon, joʻmard edi. Endi-chi? Ustidagi zildek ogʻir yuk bilan boʻlib, qadrdonini tanimadi-ya! Xoʻtigi borligini-ku, albatta bilmaydi. Loaqal shuni bilganida, harna koʻngli koʻtarilarmidi.

Axir, eshak faqat yuk tashish uchun dunyoga kelmagandir-ku!

Oʻshanda qayoqdan ham xoʻjayin paydo boʻlib qoldi? Xuddi osmondan tushganday! Kutilmaganda boʻy koʻrsatdi-da, boʻyniga arqon bogʻlab, ustiga egar urdi. Ochigʻi, u kunlarni eslashning oʻzi bir dahshat! Xoʻjayin beliga mindi-yu, xoʻtikligi kechgan oʻrmon, qadrdon hangi – hamma-hammasi sabil qoldi. Har qancha taysallamasin, uni tovlab yiqitish uchun nechogʻlik dingillab, shataloq otmasin, yurmayman deb tixirlik qilmasin, bari bir foydasi boʻlmadi. Xoʻjayin sip-silliq, nafisdan-nafis yelkalariga nishli temir qoziq bilan nuqib turganidan keyin, u nima ham qila olardi? Uch kechayu uch kunduz yura-yura haligi hovliga yetib kelishdi.

Toʻgʻri, u hovlida ham nurli kunlari kechmadi emas, kechdi. Dastlab oʻrmonni, hangini, oʻsha bearmon kunlarni qoʻmsab uch-toʻrt oy qiynalib yurdi, keyin ishga andarmon boʻldi. Koʻp oʻtmay xoʻtigi tugʻildi. Oʻsha paytlar ham umrining eng xushnud, saodatli onlari ekan. Xoʻjayinning katta oʻgʻli Qobil har kuni tong-saharda butun a’zoyi badanini yayratib yuboruvchi yumshoqqina koʻrpachayu qopini ustiga toʻshaydi-da, minib, chirmoviq tergani boradi. Orqasidan xoʻtigi ergashadi. Ertalabki shudringdan namiqqan yam-yashil yassilikni kechib, paxtazorga borishadi. Xoʻtigi dam oldinga, dam u yonboshiga dam bu yonboshiga oʻtib oʻynoqlaydi, shataloq otadi, chopganicha kelib yurib ketayotgan holida emmoqchi boʻladi. Buni koʻrib Qobil xushnud qiyqiradi. Erga irgʻib tushadi. Koʻp oʻtmay toʻygan xoʻtikning tagʻin oldinga qarab shataloq otganini koʻrib, sakrab ustiga minadi-da oyoqchalari bilan qorniga nuqiydi: «Xix, eshagim, xix!» U esa, Qobilning shodon qiyqiriqlari ostida baxtdan entikkanicha xoʻtigi sari qushdek uchadi. Oyogʻi erga tegmaydi. Dalaga yetib kelishgach, Qobil ularga: «Shu yerda oʻtlab yuringlar! Uzoqlashib ketmanglar!» deya poʻpisa qilgan boʻladi-da, qopini qoʻltigʻiga qisib paxtazorga kirib ketadi. Xoʻtigi bilan ariq boʻyida qoladi. Xushboʻy yalpizlar, pichanlar, chirmoviqlar!.. Ularni yegisi kelmaydi ham! Chunki qorni toʻq-da. Faqat chirmoviq gullarini ermakka chimdigan boʻladi-yu, butun fikri-zikri xoʻtigida. Uning yov quvgandek dam u yoqqa, dam bu yoqqa shataloq otib chopishida, qoqilib-surinib ketmasaydi, biron joyi lat yeb qolmasaydi, deb joni halak…

Bir payt Qobil qopini yelkasida koʻtargancha inqillab-sinqillab paxtazordan chiqib keladi. Qopi oʻzidan katta boʻlsa kattaki, kichik emas. CHopib borib bolakayning yelkasidagi qopni oʻz yelkasiga olgisi keladi. Lekin buning uddasidan chiqolmasligini biladi. Ming qilsa ham eshak-da. SHuning uchun bola boyaqish qopni ortayotganida qiynalmasin deb, ariqchaning ichiga tushib tek turadi. Lekin, qayoqda! Bolakay qopni bazoʻr ortib, bir qoʻlida muvozanatini saqlagancha oʻzi ham sakrab minmoqchi boʻladi. Endi minganida tarang qilib toʻlatilgan qop pastga ogʻib ketadi. Erga sakrab tushadi-yu, yana yuklaydi – tagʻin shu ahvol! Dam achchigʻi chiqib gʻoʻdranadi, dam qiyqirib kuladi. Nihoyat, minib, qopni ham bazoʻr ushlab qoladi va oldiga oʻngarib quchoqlagancha: «Qani, ketdik!» deya mamnun xitob qiladi. U uyga qarab yoʻrtadi, orqasida – xoʻtigi. Qopni qoʻraga tashlab, uchovlon soyga tushishadi. Qobil maza qilib choʻmiladi. U esa, xoʻtigi bilan yonma-yon suv ichib, soy boʻyida bolakayning qulochkashlab suzishini tomosha qilib turaveradi…

Ha, u oʻshanda bagʻoyat baxtiyor edi. Ishlab charchamasdi. Dunyoning yukini tashib tashlashga tayyor edi. Ayniqsa, Qobil-u uning ukalarini butun umr yelkasida koʻtarib yurishga rozi edi. Keyinchalik – xoʻtigi ulgʻayib, qatorga qoʻshilganida – ikkovi yonma-yon yuk tashib yurganida ham umridan mamnun edi. Oʻshanda Qobil uni ayarmidi, yo mehri oʻzi bilan basma-bas ulgʻayayotgan xoʻtigiga ogʻa boshlaganmidi, u koʻpincha yukning yengilrogʻini koʻtargancha bolakay bilan xoʻtigining ortidan ergashardi. Buni sezgani sari oʻzini tiriktovon sanab qiynalardi. Tobora kuchdan qolib, ishga yaroqsiz boʻlib borayotganini aslo-aslo tan olgisi kelmasdi. Shuning uchun ham oʻsha bir kuni xoʻjayin polizga bormoqchiligini eshitib xursand boʻldi: mana, endi oʻzining hali yuk koʻtarishga qodirligini koʻrsatib qoʻyadi! (Toʻgʻri, shu istak barobar, koʻnglining bir chekkasida poʻchoq yeyish ilinji ham yoʻq emasdi!) Tong saharlab xoʻjayin uni, Qobil xoʻtigini minib yoʻlga tushishdi. To dashtdagi polizga kelgunlaricha xoʻjayinning ogʻirligi ham sezilmadi. Oʻzini koʻrsatish uchunmi, shiringina qovunpoʻchoqqa intilibmi, bora-borguncha yengilgina yoʻrtdi. Xoʻtigidan qolishmadi. Lekin qaytishda…

Hamma balo shu qaytishda boʻldi: oʻzi qovunpoʻchoqni moʻlroq yeb qoʻyibdimi, yo badnafs xoʻjayin oʻljasini moʻljaldagidan koʻproq undirgan edimi, ishqilib, u qovun toʻla qanor ustidan bosib tushganida gandiraklab ketdi. Lekin shunda ham sir boy bermadi. Oldinda bir qanor qovun bilan Qobilni yelkasiga olgancha yoʻrtib ketayotgan xoʻtigiga ergashdi. Oʻz nuridiydasimi, oldinda kutilayotgan gʻolibona hordiq nash'asimi, ortidan oʻqtin-oʻqtin eshitilib turgan tahdid-u tazyiqmi, nimadir unga madad bergandek boʻldi. Bir-biriga toʻqishib ketayotgan tuyoqlarini bazoʻr koʻtarib bosib shahd bilan yoʻrta ketdi. Uch chaqirimcha yaxshigina yoʻl yurishdi. Bir payt xoʻjayinning gapidan hammalari taqa-taq toʻxtab qolishdi:

– Shoshma, oʻgʻlim. Yuraverib charchadim-ku. Men ham minib olay.

Xoʻjayin shunday deya uning yoniga oʻtib, yollaridan ushladi.

Qobil qanor ustida oʻtigancha ortiga burilib qararkan, allanechuk yalinchoqlik bilan dedi:

– Siz bolasiga mina qoling, dada. Men unga oʻtay. Harna yengilroqman.

Xoʻjayin bepisandlik bilan qoʻl siltadi:

– Qoʻyaver, nima qilardi deysan! Vaqtida mendek oʻnta odamni koʻtarardi bu! – SHunday deya qattiq bir siltanib, oʻzini uning ustiga otdi. Shu payt yuraman deb munkib ketdimi, bazoʻr tik turgan oyoqlarida qoʻshimcha yukni koʻtarishga mador qolmadimi, ishqilib, oʻzining yerda uzala tushib yotganini biratoʻla sezdi. Koʻz oldini tuman qoplagandek boʻldi. SHunda ham turishga urinib koʻrdi. Lekin ustidagi yuk qoʻzgʻalishga imkon bermasdi. Hatto gavdasini qimirlata olmasdi ham. Oyoqlari ojizona tipirlardi, xolos. Nochor-noiloj oʻrnidan turgan xoʻjayinning: «Hoʻ-oʻ, harom oʻlgur!» deya soʻkina-yozgʻira tepkilashlaridan ham natija chiqmadi: nazarida endi oʻrnidan turishga nisbatab tepki yeyish yengilroqdek edi. Ich-ichidan alamli bir norozilik uygʻondi: eshakning kuchi halol, oʻzi harom deb, yemishingni yuklaganing yuklagan, oʻligingni ham ustimga tashlab olganing nimasi?! SHu hissizligingdan keyin, oʻzing insof bilan aytgin-chi, ablah, eshak kim: menmi yo senmi? «Hissiz – eshak, dardsiz – kesak» oʻzingmasmisan?! Yoʻq, sen eshakdan ham battarsan! Itsan, choʻchqasan, boʻrisan, boʻri! Ochkoʻz boʻri! Meni qul deb oʻylaysan-u, aslida oʻzing qulsan – oʻz nafsingni quli! Tep, tepaver, ablah, xusuring qonsin! Bu ba’d fe’lingga yarasha senga ham boqqan balo bordir hali!..

Har qanday yukni ham, tepkini ham kiprik qoqmay koʻtara olgulik darajada diydasi qattiq edi uning. Tabiat unga chidam bobida bemisl sahovat koʻrsatgan edi. Togʻdek bardosh ato etgan edi. Lekin tepki aralash qulogʻiga chalinga gaplar… diydasini yumshatdi.

– Qoʻying, dada! Bunaqada oʻldirib qoʻyasiz-ku, shoʻrlikni! Axir aytdim-ku, «koʻtarolmaydi» dedim-ku!

– Mayli, boʻlar ish boʻldi! Beli sindi shekilli-da. Qani, narigi boshidan koʻtar! Bu qanorniyam anoviga ortaylik!..

Ota-bolaning «issiq-sovuq» gaplarini tinglab, tanasiga oʻylarkan, uning koʻzlarida beixtiyor yosh halqalandi. Koʻzlarini yumib, yerga bosh qoʻydi. Zum oʻtmay ilkis bosh koʻtardi. Koʻz oldini qoplagan aqiq parda osha najot istab roʻparasiga jovdiradi. Ustma-ust ortilgan ikki qanor qovunni azot koʻtarganicha shahdam odimlab borayotgan xoʻtigiga, qanorlarni suyamalab piyoda ketayotgan xoʻjayinga, unga alanglab qaragan koʻyi tobora yiroqlashayotgan Qobilga, ular singib borayotgan ufqqa koʻz tikkancha yotaverdi-yotaverdi. Ich-ichidan tagʻin bir sitam-siqinti toshib chiqdi: endi oʻsha shilta qoʻrangni yelkamning yagʻiri koʻrsin! Zap qutuldimmi, sen ablahdan! Baribir itga oʻxshab, sudralgancha piyoda ketding-ku!.. Qachonlardir qulogʻiga chalinga hazin qoʻshiq satrlari, xuddi yer qa’ridan kelayotgandek, elas-elas eshitildi:

Nokas, xasis, bediyonat qullar hokim,
Moumanlik haddan oshib boʻldi zolim,
Xalq ichida xor boʻdilar darvesh, olim,
Himoyati xalqning kofir boʻldi, koʻring!
Fe’limizdan bizga jafo soldi, koʻring!

Bu qoʻshiq vujud-vujudida allanechuk quvvat, jismi-jonida favqulodda qudrat paydo qildi. Shu qudrat bois, bir intilishda qad rostladi. SHahdam odimlarkan, aniq-tiniq sezdiki, hayriyat, xoʻjayin karomat qilganidek, beli sinmabdi. Nihoyati zoʻriqibdi, koʻtaram boʻlibdi – shugina, xolos. Lekin oʻsha-oʻsha, xoʻjayinning uyiga qaytib borishni istamadi. Shu keng dashtni oʻziga panoh deb bildi. Shu keng dashtning egasi boʻlib yashadi. Shu keng dashdan najot, ona tabiatdan ehson kutib yashadi. Tabiatdan ehson kutmaydiganlar, aksincha, unga har bob bilan zoʻrlik-zoʻrovanlik qiladiganlarni koshki koʻrmasam ham, kuymasam ham deb yashadi... Oʻziga qolsa, bugun ham bormasdi-ya! Lekin, nima qilsin? Bitta emas, bir nechta ilinji boshlab boruvdi-da, uni!

U oppoq qorga burkangan kimsasiz va yaydoq dasht uzra emish-u boshpana qidirib, xayollarga gʻarq boʻlgancha ketib borardi. Xoʻtigi-yu hangini yana bir bor – ehtimolki, soʻnggi marta – koʻrish ilinjimi, barcha shoʻrishlarga achchiqma-achchiq yashash istagimi, bizga noma’lum boʻlgan boshqa bir kuchmi – nimadir jon taslim qilish uchun unga izn bermasdi, ochlik va sovuqni yengib oʻtishga qat'iy undardi. Har qalay, muhimi oʻsha noma’lum kuchda boʻlsa kerak: u uzoq oʻrmonga qaytib borishdan umidini butkul uzgan esa-da, ona-tabiat Xoʻjayindan oʻzi uchun boplab qasos olishiga va yana yorugʻ kunlar kelishiga umid bogʻlardi – uning yuragida hech bir izgʻirin oʻchira olmaydigan umid uchquni miltirab turar edi...

1982