OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oybek. Qutlugʻ qon (I- qism)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOybek
Asar nomiQutlugʻ qon (I- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Oybek
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
NashriyotGʻafur Gʻulom nomidagi Badiiy Adabiyot Nashriyoti (Toshkent, 1969)
Hajm225KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/21
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Oybek: Asarlar (oʻn tomlik) - Uchinchi tom
Redkollegiya: Sarvar Azimov, Abdulla Qahhor, Izzat Sulton, Mirtemir, Zulfiya, Homil Yequbov, Laziz Qayumov, Matyoqub Qupljonov, Quchqor Xonazarov, Xolida Sulaymonova.



iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qutlugʻ qon (I- qism)
Oybek

Birinchi bob

I

Vaqt peshindan oqqan edi. Iyulʼ oyiniig quyoshi hamma yoqni olov seli bilan toʻldirgan, havo allaqanday oq alanga bilan jimgina yonganday... Keng dala yoʻlida qatnovchilar siyrak: eski kir qalpogʻini burniga qadar tushirib, issiqdan mudragan va horgʻin oriq otining yalqov qadamiga bardosh qilib shahardan qaytayotgan chetan aravali dehqon ikki oyogʻi bilan eshakning qorniga niqtab, muttasil «xix-xix» bilan halqumini qirgan bir moʻysafid uzumchi, qatigʻini pullab, xurmachalarini orqalagan, issiqqa qaramay, goh aravaga osilgan, goh qush uyasini qidirib daraxtlarga koʻz tikkan ust-boshi kir-chir shoʻx bolalar... Issiq tobora ortar, «gʻir» etgan shamol yoʻq, ot-arava koʻtargan chang havoda uzoq vaqt qimirlamay turib qolar, yuzlarga qizgan temir uchquni kabi yopishar, nafasni boʻgʻar edi.

Qahraton qishda yalang oyoq muz bosib, saratonda qizgin qum kechib issiqda, sovuqda obdan pishgan bizning yigitni ham (katta masofani piyoda bosgani uchunmi) kun xiyla betoqat qilgan edi. U kuyib yotgan bilq-bilq yumshoq tuproqda salmoqli oyoqlarini ildam va yirik-yirik bosar, koʻzlagan joyiga tezroq yetishga oshiqib oʻtkinchilardan soʻrar edi:
— «Toʻpqayragʻoch»ga yaqin qoldimi?
— Hali bor. Koʻprikdan keyingi guzar.

Uning ochiq yoqali uzun koʻylagi, ustidagi olacha yaktagi suvga pishganday jiqqa hoʻl boʻlgan; ba’zan gʻashi kelib, badaniga yopishgan koʻylakni koʻchirar va yelpinar edi.

Koʻprikdan oʻtish bilanoq guzar boshlandi: koʻchaning ikki tomonida bir-biriga qarshi ikki choyxona, bir qassob doʻkoni, buning yoniga suqulgan kichkina baqqolchilik.

Koʻcha iflos, lskin suv qalin sepilgan; har yoqqa tarvaqaylab oʻsgan besoʻnaqay, qari tollarning koʻlankasi quyuq.

Yigit soʻl yoqdagi choyxonaning karavotiga oʻtirdi. Chang va terdan hosil boʻlgan kirni yaktak etagi bilan yuzidan sidirib tashladi. Kichkina xaltani yoniga qoʻyib, choy soʻradi. Samovarchi chuvak yuzli, eti suyagiga yopishgan, jikkak va shu bilan baravar girt koʻsa odam edi. U ustaning qoʻliga tusha-tusha xoʻp ezilgan, qorni pachaq, chirkin katta samovarning oldida yogʻoch yelkasini qisib oʻtirar, kelgan-ketgan odamlar bilan unchalik ishi yuq; is bosgan kir latta bilan dam samovarni, dam yonida qalashgan piyola-choynaklarni artar, har kuni ming martalab qoʻlida tutadigan piyolalarni olib, goʻyo birinchi daf'a koʻrganday, koʻzini aylantirar, tovushini baland qoʻyib, oʻzicha valdirar edi: «Odamlarga hayronman-da! Agar sigʻsam edi, samovarning otashdoniga tushib, koʻmir oʻrniga yonar edim. Jabbor koʻsadan bir hovuch kul qolgan bular edi. Shu ham tirikchilikmi? Mana bu xumsaning ham labi uchgan! Mana bunisi darz ketibdi... Hoy, aravakash bola, otingni tort, naq tezagini doʻppingga solib beraman!»

Nihoyat, shangʻi samovarchi joʻmragi uchiga jez qoplangan choynakni va bir piyolani yngitning oldiga doʻq etib qoʻyib ketdi.

Choyxonada odam siyrak. Yigitlardan yuqoriroqda, oʻrta yoshli ikki dehqon oʻtirar, bu yil sabzi-piyozning bozori kasodligidan va ulovsizlikdan hasratlashar edi. Biri soʻzlab-soʻzlab, qamchi dastasi bilan yelkasini qashir, ikkinchisi esa qoʻnji bir qarich, churuk chorigʻini koʻrsatib: «Bu qachon yangi boʻladi? Sen ot-ulovdan gapirasan! Dehqonchilikda barakat qolmadi. Dehqonning sira maeaei yoʻq»-, deydi. Unisi: «Ha, ishqilib, bosh omon boʻlsin, birodar», degan soʻzni takrorlar edi. Choyxonaning burchagida, kunning dahshatli yonuviga qaramay, qalin, qora jun chakmon oʻralgan bir qozoq devorga suyalib mudrar, minut sayin koʻzini ochib loqaydlik bilan samovarchiga buyurar edi: «Shilimni uzat!» Samovarchi nuqul kul bilan toʻlgan sarxonaga choʻgʻ qoʻyar, burishib-turishib, chilimni olib borar va oʻdagʻaylar zdi: «Tort, tort, sira haqing ketmasin!» U chilimni butun kuchi bilan, kashandalarday tortib, ogʻziga qitday tutun ilashmaganidan teskari burilib mikgar-dardi: «Sartning qudoy urgʻani sen ekansen, oʻngmagʻur...»

yigʻit gʻoyat chanqagan edi, choyni quyib, puflab-puflab ichdi. Belbogʻiga tugilgan qirq tiyin chaqadan tegishlisini ayirib olib, piyola ichiga tashladi-da, oʻrnidan turdi. Lekin bir muddat taraddudda qoldi: qay tomonga qadam bosishini bilmas edi. Samovarchining «it fe’l» ekanini payqagan boʻlsa ham, noiloj uning oldiga bordi.
— Mirzakarimboyning bogʻi qaerda, bilmaysizmi?— dedi muloyimlik bilan.
— Nima ishing bor?
— Yoʻliqmoqchi edim-da.
— Hm... Mirzakarimboyni Toshkentning toʻrt dahasi biladi. Hov anav koʻchaga buril. Dangʻillama darvoza. Usha Iskandar Zulqarnayn ham bunaqa qoʻrgʻon solgan emas! — Samovarchi qoʻshaloq barmoqli panjasini choʻzib bir koʻchani koʻrsatdi. Keyin bu begona yigitga boshdan-oyoq koʻz yugurtirib, havasi kelib gapirdi:
— Rosa muchang bor ekan, inim. Badaningdan kuch yogʻidib turibdi-ya. Qaerliksan, sayramlikmi? Boy boboning omadi...

Choyxonaning ichkarisidan bir tovush yangradi:
— Tuf de, koʻzing tegadi, kasofat! Shu soʻzingni menga aytsang, tishingni sugʻurib olardim.
— Koshkiydi manda tish boʻlsa, sanda gavda boʻlsa, simyon!

Yigit ularning soʻziga bolalarday jilmayib, yoʻlga tushdi.

Yashil boʻyoq bilan boʻyalgan, ust tomoni oʻymakor panjarali, katta va ogʻir darvozaga yetganda, yigitning yuragi bir oz oʻynab ketdi. Darvozaning bir tavaqasi ochiq. U uzoqdan ichkariga qaradi. Qarshisida daraxtlar ostidagi katta supada, dastroʻmolchasi bilan yelpinib oʻtirgan, qordek oppoq koʻylakli, oq soqoli bir tutamgina cholga koʻzi tushdi. Yuragi yana poʻkilladi. «Toshkentning toʻrt daxasi» taniydigan bu davlatmand kishining oldiga qanday kiradi? U sodda, uyatchan, kamtarin yigit edi. Lekin bir lahzada allaqanday kuch uni itarganday boʻldi. U darvozadan kirib, supaga oʻn-oʻn besh qadam qolganda, qoʻl qovushtirib, ta’zim bilan: «Assalomu alaykum» dedi. Faqat, salavot bosganidan, uning ovozi istagiga qarshi baland jaranglamadi. Allaqanday boʻlinib, siqilib chiqdi. Chol oʻtirgan joyidan qimir etmadi, bir qoʻlini qosh ustiga qoʻyib, keksalarga xos boqish bilan bir zum tikildi:
— Kel, chirogʻim, nima xizmat?

Yigit supa oldida toʻxtab, xaltasini qoʻydi, uzun, baquvvat qoʻllarini cholga choʻzdi. Supaning chetiga omonatgina oʻtirib, boshini quyi soldi: «Qaerga keldim? Mirzakarimboy shu kishimikan? Balki bu boshqa birovdir deb oʻyladi.

Chol bu begona yigitning vaziyatida taraddudlanish sezib, qaytadan soʻradi:
— Xoʻsh, oʻgʻlim, nima arzing bor? Ayt...

yigit boshini koʻtardi va unga tikilib qarab, jilmaydi.
— Mirzakarimboy siz boʻlasizmi?

Chol boshi bilan tasdiqlagach, yigit davom etdi:
— Men Xoʻjakent qishlogʻidan keldim, jiyaningizning oʻgʻli boʻlaman.
— E, Xoʻjakentdan?
— Xushroʻybibining oʻgʻliman.
— E,— Mirzakarimboy butun gavdasi bilan bir qoʻzgʻalib qoʻydi,— jiyanim Xushroʻybibining oʻgʻliman degin, barakalla. Rahmat, jiyan, yoʻqlab kelibsan. Qalay, onang baquvvatmi? Har yerda boʻlsa, omon boʻlsin. Oting nima, jiyan?
— Otim Yoʻlchi. Ayam, shukur, sogʻ-salomat. Sizga salom deb qoldi.
— Dadang... E, Sherali qalay, bardammi?
— Dadam oʻlgan, ikki yildan oshdi chamasi. Mirzakarimboy qoʻllari bilan soqolini yengilgina siypab, marhumga fotiha oʻqigan boʻldi.
— Boyoqish koʻp yaxshi odam edi; insofli, hamiyatli edi. Bir vaqtlar oʻrtada bordi-keldi boʻlib turar edi. Dadang bu yerda ham, shahar hovlimizda ham boʻlgan. Sen hech kelganmiding?
— Yosh pallamda dadam, ayam bilan birga shahardagi hovlingizga kelganim gʻira-shira yodimda bor...

Chol oʻtmishni esladi. Yoʻlchi oʻz onasidan yuz martalab eshitgan gaplarni hikoya qila boshladi, yaʼni opasidan ikki yosh qiz yetim qolgani, ulardan Xushroʻybibi oʻz otasi tarbiyasida qolib, uning singlisi Oyimbibini Mirzakarimboy oʻzi tarbiya qilib, naq erga berish oldida vafot etgani, Xushroʻybibining tolei pastlik qilib, ota oʻlgandan soʻng amakilari qishloqqa, Sheraliga erga berganliklari va hokazoni soʻzladi. Soʻng chol sukutga botdi, kichkina, lekin hali tetik koʻzlarini mudroq bosgan odam kabi, sekingina yumdi. U hozirgina yodiga olgan qishloqi Xushroʻybibini ham, uning kamtarin, mehnatkash marhum erini ham, kutilmagan vaqtda yoʻqlab kelgan bu arslonday qishloqi jiyanchani ham unutgan, uning fikrini yolgʻiz oʻz ishlari ishgʻol etgan edi. U bankalar orqali oʻz raqiblariga qarshi olib bormoqchi boʻlgan sirli ishlarni, oʻz qarzdorlariga nisbatan qanday muomala va munosabatda boʻlishni oʻylar edi. U qarzdorlarni uch guruhga boʻldi. Birinchi guruhdagilar bilan savdo muomalasini avvalgicha davom ettiraveradi. Chunki bularning «qoʻli uzun», qoʻr-quti koʻp. Ulardan bir kun ozni koʻp qilib oladi. Ikkinchi guruhdagilarga birmuncha doʻq qiladi, shu bilan skladlarda choʻkib qolgan gazlamalarni yaxshi baho bilan ularga oʻtkazib yuboradi. Uchinchilarning esa dumlaridan mahkam ushlab olib, maymunday oʻynatadi... Soʻng katta oʻgʻli Hakimboyvachchaning paxta savdosi yuzasidan oʻris firmalari bilan yaqinda tuzgan shartnomasi ustida oʻylab, bu ishning qaltis tomoni sira yoʻqligiga va tajribakor aqlning koʻrsatishiga muvofiq, bu ishdan foyda daryoday toshib kelishiga yana chuqurroq ishongach, zavqlanib ketdi-da, koʻzlarini yana mahkamroq yumdi.

Soʻzamol, badavlat qari togʻaning birdan koʻz yumib sukutga botishining sababini, tabiiy, Yoʻlchi tushunmadi. Kelganim unga yoqmadi shekilli, degan andishaga ham bordi. Lekin u endi boshini koʻtarib, cholga va atrofga dadilroq qaray boshladi. Mirzakarimboyning gavdasi kichik, qoʻllari ingichka boʻlsa ham, zuvalasi pishiq koʻrinadi. U goʻshtdor ham emas, oriq ham emas, kichik, ayyor yuzi xoʻrozning tojisiday qip-qizil; oppoq soqoli va miyiqlari toza va taralgan...»

Bir tanobdan moʻlroq chor burchak tashqarining har tomoni diqqatni jalb qilarli edi. Oʻrtada supa va hovuz. Tanasi ikkita katta qulochga sigʻmaydigan bir tup sada tevarakka tangaday oftob tushirmaydi. Hovuzning narigi chetida bir-biriga yaqin oʻtqazilgan, shoxlari bir-birining ichiga kirgan uch tup olma daraxti. Bir tupida olmalar endi sargʻayib yiltiramoqda, bir tupida mushtday yirik olmalar hali koʻm-koʻk, ularga boqish bilan kishining tishi qamashib, ogʻzi soʻlakka toʻladi; bir tup jaydari qizil olma, mevasining moʻlligidan hovuzga engashib tushgan; hovuz suvida bir qancha qizil olma yoqutday tovlanib, jimillab suzadi. Hovuzdan yigirma qadamlar narida toʻrt tomoni ochiq, ustunlari chiroyli naqshlangan, yerdan odam boʻyi baland koʻtarilib solingan kattagina shiypon; buning atrofi gulzor. Quyoshda mayin tovlanib, xilma-xil ranglar bilan mavjlangan mayda gullar orasida koʻrkam yuksalgan qizil duxoba gullar olov parchasi kabi yonadi.

Yoʻlchi koʻzlari bilan atrofni sayr etarkai, roʻbaroʻdagi qoʻrgʻon — ichkari hovli eshigidan yosh-yosh oʻgʻil va qiz bolalar chuvillashib chiqishdi. Bularning kiyimlari toza va yangi edi.

Mosh rang duxoba doʻppili, toʻqqiz-oʻn yashar, chiroylikkina bola — bolalarning eng kattasi edi. U ichiga katta oq kalamush qamalgan qopqonni yerga qoʻydi, eshikchasini ochdi. Semiz kalamush yerga tushib, lapanglab darvoza tomonga qochdi. Bolalar qiyqirib, uni quvlasha ketdi: «Ustiga lampa moy sepib yondiramiz!» Nabiralarining haddan oshgan suyunchli hangamasi cholning koʻzlarini ochdi... U qoʻli bilan goʻdaklarga doʻq qildi: «Gugurt oʻynamanglar, hoy!» deb qichqirib ham qoʻydi. Soʻng, qarshisida oʻtirgan jiyanini unutayozganidan ogoh boʻlib, yupatish uchun:
— Obbo jiyan-e, biznikini topib keldingmi-ya? Ha, soʻrab-soʻrab Makkani topadilar... Hay, Oynisa, buvingni chaqir!—Bolalarga aralashmay bir chekada turgan rangpar, bezgaknamo qizga buyurdi boy.

Qoʻrgʻon eshigidan ayol ovozi eshitildi:
— Nima kerak?
— Munda kel — chol qoʻli bilan imladi.
— Kishi bor-ku.
— Qarindosh... Xushroʻyning oʻgʻli,— deb tushuntirdi
— Qaysi Xushroʻy? Esim ham qursin, ha, qishloqdanmi?— Oʻrta boʻyli, toʻla, lekin keng yuzining goʻshtlari sargʻayib, salqib tushgan ellik sakkiz yoshlarda boʻlgan kasalnamo xotin asta-asta yurib kelaverdi. U supaga yaqinlashgach, Yoʻlchi oʻrnidan turib salom berdi va onasining salomini topshirdi. Ammo kekkaygan xotin uning soʻzini tinglamadi, eriga qarab soʻzladi:
— Qishloqdagi jiyaningizning oʻgʻlimi? Togʻdek yigit boʻlibdi. Yoshligida ham boʻlali bola edi... koʻzimga tanish koʻrinib turibdi.

Mirzakarimboy xotiniga dasturxon olib chiqishni buyurgach, u ketish oldidagina, koʻrinishda samimiy, lekin aslida soxta va masxarali tovush bilan Yoʻlchining onasini va ukalarini soʻradi.

Boy endi issiqdan shikoyatlanib, uh-uhlab oʻtirdi. Uning kampiri patnis va bir choynak choy olib chiqdi. Patnisda toʻrtta kulcha, ikki bosh qizil chillaki va bir bosh qush choʻqigan qandaydir oq uzum bor edi. Yoʻlchi qishloqdan keltirgan xaltani kampirga uzatdi.
— Ayam berib yubordi, qurt...
— Sadagʻasi ketay,— qampir xaltani ushlagisi ham kelmay, qoʻl uchi bilan tutib gapirdi,— koyib nima qilar edi bechora.

Nabiralar xaltadagi qurt ekanini eshitib, kampirning oyogʻi ostida oʻrmalashdi va: «Manga bitta, buvi», «Manga ancha bering, buvi» deb qiy-chuv koʻtarishdi. Kampir xoʻmrayib, nabiralarni jerkib tashladi. Bolalar yopishavergach, xaltani ochishga majbur boʻldi-da, labini burib vaysay boshladi:
— Xah, shumtakalar, ogʻizlaringda erib ketadigan suzma qurtni bersam olmaysizlar, shu tosh qurtni talashasizlar. Mana, koʻrdinglarmi, qattiq — tishlaringni ushatadi. Bay-bay, bu bolalarning dastidan oʻlib boʻldim, axir bu tosh qurt, jigʻildonlaringni teshib yuboradi-ku.— Mehmonning qizarganini payqagan keksa boy, oʻz xotininiig katta ogʻiz va betamizligiga achchiqlanib, yuzini teskari burdi, lekin xotini yana valdiramasin uchun, yumshoq gapirdi:
— Hay, ichkari kir, chagʻir-chugʻurdan qulogʻim bitdi. Yoʻlchi qurt olib kelganiga pushaymon qildi. Onasi qoʻshnilardan qurt yigʻib, boy togʻa uchun sovgʻacha tayyorlab, suyuna-suyuna uning qoʻliga tutqazgach, yaxshi-yomonligini surushtirmay, u ham olib joʻnagan edi.

Boy togʻa nopni ushatib, patnisni Yoʻlchining oldiga surib qoʻydi.
— Ol, jiyan, yoʻl yurib kelgansan. Bir parcha yerlaring borligini eshitar edim, qoʻllaringdami?
— Yoʻq,— patnisdan bir burda non olib javob berdi Yoʻlchi,— yer sotilib ketgan.

Mirzakarimboy yerga oʻch odam edi. Yerli-suvli odamlar, qanday boʻlmasin bir sababdan qiynalib qolsalar, darrov ularning pinjiga tiqilar, yo oʻrtaga kishi qoʻyib, yerni tezroq oʻz qoʻliga oʻtkazishga tirishar edi. Hatto, yer sotishni xayolga keltirmagan odamlarning yerlarini,— agar ularning yerlari oʻz yerlariga chegaradosh boʻlsa,—oʻzinikiga qoʻshish uchun hech nimadan toymas, har qanday nomus va adolatning betiga tupirar edi. Ammo, Yoʻlchining sotilib ketgan yeri unga hech aloqasiz boʻlgani uchun, yerning qadr-qiymati va bu xususdagi mahkam qanoatlarini tushuntira boshladi:
— Chakki boʻlibdi, jiyan. Yer sotgan er boʻlmaydi, er yer sotmaydi. Mana bu gapning magʻzini chaq... Yer sotganlarning koʻpini koʻrdik, axiri gadoy boʻladi, Toʻgʻri, yerni pulga sotadilar, naqd pulni jaraq-jaraq sanab oladilar. Pul hamma narsaning otasi. Pul belga quvvat, boshga toj. Puldor odam qanotli odam, bu qanot bilan magʻribdan mashriqqacha uchasan, har yerda oshna-ogʻayni, doʻst-yor topasan... Puldor odam Maskavgacha, Varshavgacha boradi. Pulsiz odam oʻz joyidan bir qadam siljisin-chi! Be!.. Pul shunday aziz narsa, jiyan. Lekin pulni juda maqtab yubordim, shoshma, yerda ham xosiyat koʻp. Yer tugʻadi. Yerga choʻpni tiqib qoʻysang, koʻkarib, qulochga sigʻmas daraxt paydo boʻladi. Pul-chi? Pul ham tugʻadi. Juda koʻp tugʻadi, tez tugʻadi. Ayniqsa, bu zamonda pul sertuxum boʻlib ketgan. Ammo, pulni tutish qiyin, yeb, ichib qoʻyish juda oson. Pul asov qushga oʻxshaydi, sal boʻsh tuttingmi, qoʻlingdan uchadi-ketadi. Yer ham tugʻadi ham pulga kishan soladi. Yer olgan koʻkaradi, yer sotgan quriydi Mana bu gapning magʻzini chaq, jiyan!
— Nochorlik, togʻa,— Yoʻlchi piyoladagi sovigan choyni ikki qultumda boʻshatib, gapirdi,— dadam bir yil toʻshakda yotib qoldi. Ekinimiz yaxshi boʻlmadi. Qoʻl kalta boʻlgandan keyin, qayoqqa uzatasiz?

Yoʻlchi hali gapini bitirmagan edi, Mirzakarimboy uni kesdi:
— Bir terining ichida qoʻy necha ozib, necha marta semiradi,— dedi salmoqlanib boy,— kishining boshiga yomon kunlar ham keladi, koʻnish kerak bunga. Bundan oʻttiz besh yil ilgarimikan, rastada doʻkonni ochgan yilim edi-da, boshimga bir mushkul ish tushdi: ba’zi vaqtda savdogarlar ham siqilib qoladi, sen bunga tushunmaysan. Menga pul kerak, qaerdan olaman! «Rakat» mavzuida otadan qolgan uch tanob joy bor edi, koranda ishlatar edi. Ba’zi ogʻaynilarim, shuni sot, deyishdi. Vaqti kelganda, jiyan, doʻstlar qoʻltigʻingga kirib, balchiqdan tortmaydi. Men doʻstlarga sira ishonmayman. Maslahatga hammasi chaqqon. Nega desang, maslahatgoʻylik oson narsa-da; tili qimirlaydi, xolos. Men ularga quloq solmadim. Boshni u yoqqa urdim, bu yoqqa urdim, axir bir evini topdim, jiyan. Sandiqdan xotinimning kiyim-kechagini chiqardim, uyni bezashdan boshka narsaga yaramaydigan asboblarni yigʻishtirdim, barini sotib pul qildim. Bilasan, xotin ahli molga oʻch boʻladi, alalxusus, sandiqdagi molni yer-koʻkka ishonmaydi. U yigʻladi-siqtadi. «Sandiqda chirib yotgan moldan yerdagi axlat a’lo, ablah», dedim unga. Xotin erning quli; xotinning koʻngliga, ra’yiga qarash ish qilgan erkak odam emas, jiyan. Ishim toʻgʻrilanib ketdi, yerim oʻzimda qoldi.
— Togʻa, boshqa ilojimiz yoʻq edi. Mana sizda narsa bor ekan, sotibsiz, bizda bir parcha yerdan boshqa, koʻzga ilinarli hech narsa yoʻq edi. Men qarab turmadim, poda boqdim, oʻroqchilik qildim, otboqar boʻldim. Ayam boshoq terdi. Qishloqda tirikchilik qilish juda qiyin. Ochlik-yalangʻochlikka koʻnikib, tirikchiligimizni qilar edik, lekin bir narsaga boshimiz garang boʻlib qoldi: dadamning gardanida qarzi bor ekan. Ozgina. Oʻttiz soʻmga ham yetmaydi. Dadam, kasali ogʻirlashgandan keyin, tashvishga tusha boshladi. «Koʻzim ochiq ekan, qarzdan qutulib olay, goʻrimda tinch yotay, Yoʻlchi roʻzgʻorga qaraydimi, qarzimni uzadimi», dedi ayamga. Xullas, yer juda arzonga ketdi. Kishining haqidan qutulganiga biz ham suyunib qolaverdik.
— Ha, bunday degin,— Mirzakarimboy oyoqlarini gilamga uzatib, silab, gapni davom ettirdi:— Bu endi boshqa gap. Qarz yomon narsa, jiyan. Qarzdan qutulish uchun yer tugul, kishi oʻzini qul qilib sotishi kerak. Odamning hayvoni kishi haqidan qoʻrqmaydi, kishi moliga koʻz olaytiradi. Shunday odamlar borki, oʻzlarida hech nima yoʻq, boshqaning mulkiga hasad qiladi, koʻrolmaydi. Faqirlikka boʻysunmaydi, yaxshi yeb, yaxshi kiyishni orzu qiladi. Jiyan, aqling boʻlsa, kishining bir tiyiniga xiyonat qilma. Tiyin ham pul, yuz ming soʻm ham pul. Sen har narsani Ollodan koʻr. U bers — xoʻp; bermasa — xafa boʻlma, taqdirga shukur qil, nomusli kambagʻal boʻl. U dunyoda foydasini bilasan. Qani, non ol, uzumga qara.

Yoʻlchining qorni juda och edi. U tungi salqindan fondalanib, toʻxtovsiz yurish bilan qiyom vaqtida shaharga kelgach, anhor labida oʻtirib qishloqda beliga tugib olgan bitta nondan boshqa hech nima yemagan edi. Lekin Mirzakarimboy, savdogar nazokatidanmi, yoki odatlanganidanmi, nonni juda mayda ushatgan edi. Yoʻlchi bir burdasini ogʻziga tiqsa, lunjining bir chekkasida yoʻqolib, ketar, patnisga ketma-ket qoʻl choʻzaverishga iymanar edi. Sodda qishloq yigiti takallufni bilmasa ham, odob-ta’zim xususida onasi ancha-muncha gaplarni uqtirib yuborgani uchun, davlatmand qarindosh huzurida ovqatdan tortinishni ma’kul koʻrdi, dasturxonni tezgina yigʻishtirib, choy icha boshladi.

Mirzakarimboy qishloqi jiyani bilan soʻzlashishdan toʻxtagan boʻlsa ham, fikri yigitni oʻrganish, uning kelishining chin sabablarini mulohaza qilish bilan mashgʻul edi. U oʻz ichida shunday oʻyladi: «Qarindoshlarning ahvoli pachava, tirikchiligi bemaza. Yersiz, ot-ulovsiz qishloqining kun kechirishi — Oʻlim azobi. Onasining uzoqlashib ketgan togʻasini yigit bekorga yoʻqlab keladimi? Yoʻq, mandan kiyim-kechak, pul-mul olish umidida kelgan. Buni onasi yuborgan, albatta. Xotinlarning xulqi, odati ma’lum. Toʻrtta qoʻshni xotin orasiga kirsa, boy togʻam bor, eshigini yel ochib, yel yopadi, deb maqtansa kerak. Yaxshiyam oʻzi kelmabdi... Boʻlmasa haligicha necha marta koʻz yoshini toʻkib, tirikchiligidan zorlangan boʻlardi. Bu yigit aqlli koʻrinadi, ham ulugʻvor, vazmin yigit...»

Mirzakarimboy ilonning yogʻini yalagan odam edi: hamma boylar kabi, ayyor, mugʻambir, puxta-pishiq; u yuraksiz emas, balki har ishda ehtiyotkorlikni ma’qul koʻrar edi. Mana shular orqasida u, kamtarin mahalla baqqolining oʻgʻli Karim chittak — kichkina, lekin harakatlari chaqqon va ildam boʻlganidan, yoshlikda shunday laqabi bor edi,— hozir kimsan Mirzakarimboy!.. U Toshkentning eng oldingi boylaridan. Toshkentning eski va yangi shaharlarida toʻplab sotuvchi ikki gazlama doʻkoni, Turkiston oʻlkasining turli shaharlarida katta-kichik ayrim doʻkonlar, Toshkent tevaragidagi turli mavzularda yer-suv va hokazo unga qaraydi. Bundan tashqari, uning katta oʻgʻli Hakimboyvachcha yirik paxta savdosi bilan mashgʻul...

Boy oʻz umrida koʻpni koʻrgan, koʻpni tanigan, turli shahar va turli odamlar bilan muomala qilgan, uning qoʻlidan juda koʻp xizmatkor, qarol, chorakor va hokazo oʻtgan. Shuning uchun odamni tez anglab olar edi. Oʻzining bu xislatiga chuqur ishonar, bu bilan boshqalarga maqtanmasa ham (maqtanchoqlikni yomon koʻrar edi u), ba’zi vaqt ichidan faxrlanardi. Mana hozir uning qarshisida mushtipar jiyanining oʻgʻli. U bilan turli narsalar haqida uzoq suhbatlashdi, lekin yigirma uch yoshli yigitning aqlida sira nuqson koʻrmadi. Uning arslonday koʻrkam gavdasi, keng peshanasi, chuqur samimiyat ifodasi bilan toʻla yirik, hushyor koʻzlari, kir yaktagi ichidan qavarib turgan keng koʻkragi, baquvvat qoʻllari, soʻzlaridagi qishloqcha soddalik va toʻgʻrilik (bu xususiyatni kambagʻal odamlarda katta fazilat deb topar edi boy) unga juda yoqdi. «Obdan chiniqqan yigit, unga berilgan ovqat behuda ketmaydi», deb oʻyladi u. Lekin shu bilan baravar, Mirzakarimboy Yoʻlchining butun siymosida katta jasorat va gʻurur. sezdi. Bu sifat unga jilla ma’qul tushmadi. Keyin, uning ehtiyotkorligi «sinamagan otning sirtidan oʻtma» degan xalq maqolini eslatdi, agar Yoʻlchi unikida ishlashni orzu qilsa, bir qancha vaqt sinamoqchi boʻldi: «Oqibat yaxshi boʻlsa, qoʻlimdan sira chiqarmayman. Yalqov va gʻirrom, yo qoʻli egri boʻlsa, silliqlik bilan haydayman», deb oʻyladi.
— Jiyan,— ohista murojaat qildi Mirzakarimboy,— Oʻylab qarasam, ahvollaring chatoqqa oʻxshaydi. Nima qilasan, yana qishloqqa qaytasanmi?

Boyning savoliga Yoʻlchi qanday javob berishni bilmay qoldi. Qishloqdan chiqarkan, boy togʻasidan, albatta, xizmat soʻrashni onasi uqtirgan edi. Endi u «qaytaman» desa, erta-indin qnshloqqa joʻnashi kerak, u vaqt onasi xafa boʻladi: «Shunday katta dargohdan oʻrin topolmay qoʻlingni burningga tiqib qaytdingmi, noshud!» deydi. «Qolaman, biron xizmat topib bering», deyishga gʻururi yoʻl qoʻymadi, Chol takror soʻragach, u javob berdi:
— Toshkentda ish topsam, balki qolarman. Mirzakarimboy soqolining uchini barmoqlari bilan chimdib, kulib qoʻndi:
— Shaharda qayoqdan ish topasan? Bizda yura tur. Non-nasibang bizda boʻlsa qolarsan, boʻlmasa, qishlogʻinggami yo boshqa tomongami joʻnarsan. Rizqingnn Ollo taolo qaerga sochgan, biz bilamizmi?
— Xoʻp. Ixtiyor sizda,— boshini qimirlatib dedi Yoʻlchi.

Mirzakarimboy astagina oʻrnidan turdi. «Yorasulullo» deb mingʻirladi, supadan tushib, kechagina sotib olinganday, yarqiragan chiroyli, ixcham «sodiqi» kavushni oyoqlariga ildi, kavushni gʻijirlatib, qari boʻlsa ham xoʻrozday kekkayib, qoʻrgʻon tomonga yurdi. Naq shu pallada darvozadan katta qora sigir shataloq otib, orqasida bir kishini urib kirdi. Boy choʻchib, oʻzini chetga oldi. Haligi kishi orqaga tashlanib oriq-chandir boʻynidagi tomirlari oʻqlovday qabarib, sigirni bazoʻr toʻxtatdi: «Hech kuchga boʻyin bermaydi bu zantaloq...»,— boyga qarab dedi u. Keyin birdan Yoʻlchini koʻrib qolib, koʻzlarida «u kim?» degan savol javdirar ekan, boy kulib unga gapirdi: «Yormat, bu bola jiyanim boʻladi. Tanish, ish oʻrgat!» U indamadi, sigirni uzoqda, devor tagidagi bir daraxtga bogʻlab qaytgandan soʻng, Yoʻlchi bilan koʻrishar ekan, qoʻrgʻon ichiga kirib ketgan boy bir zumda yana eshikda koʻrindi:
— Yormat, shaharga otni tezroq olib tush, Hakimjon kutib qolmasin, bugun mehmonlar bor-a.
— Beda oʻrib qoʻyish kerak edi-ku,— boshini qashidi Yormat.
— A, kun ham kechikib qolibdi.
— Men oʻraman bedani, bedalaring qaerda?—Yormatta qarab dedi Yoʻlchi.

Mirzakarimboy jiyanining ishga tayyorligidan rozi kabi kuldi-da, indamasdan ichkari kirib ketdi.
— Mehmonni ishga solar ekanmiz-da,— dedi Yoʻlchini birga olib joʻnarkan Yormat,— ha, qari kelsa oshga, yosh kelsa ishga.

Yormat Yoʻlchi bilan yonma-yon yurib eski tanish kabi undan-bundan soʻzlashib bordi. U qirq besh yoshlarda, novcha, chayir odam, yuzida siyrak choʻtir izi qolgan, soqol, moʻylovlariga anchagina oq tushgan edi. Qoʻsh belbogʻi chapanichasiga past bogʻlangan, yurishi ham oliftalarga taqlidni koʻrsatar, uning butun qomati, hamma harakatlari oʻziga zeb bergan, maqtanchoq kambagʻalni tasvirlar edi.

Ular picha yurib, toʻrt-besh tanob joyni ishgʻol etgan bedazorga chiqishdi.
— Mana bedam!— qoʻlini beliga tirab, koʻzi bilan uzoqqa ishorat qilib dedi Yormat.— Hafsalangiz boʻlsa, bedanani shunda tuting-da.
— Yoʻngʻichqa siznikimi? Yosh ekan hali, juda baquvvat oʻsibdi,— Yormatga qarab dedi Yoʻlchi.
— Xax-xax-xax...— qattiq kuldi Yormat va oʻroqni Yoʻlchiga tutqizib gapira boshladi:— Mirzakarimboy otamning ostonalarida oʻn olti yildan buyon ishlayman, yigitcha. Shunday boʻlgandan keyin «sizniki, bizniki» deyishga oʻrin qoladimi? Bu bedalarga ozmuncha terim toʻkilganmi, eh-he! Keyin koʻrsataman, boyning koʻp yerlarini man yolgʻiz oʻz kuchim bilan koʻkartirganman. Qani, mana shu yoqdan oʻravering. Bir aravani moʻljallab oʻring. Bu kun payshanba, Hakimboyvachchaning mehmonlari chiqadi. Agar ukalari Salimboyvachcha ham ulfatlarini boshlab chiqsa, tomoshani unda koʻrasiz: hamma yoqni ot tutib ketadi.

Yoʻlchi oʻroqqa diqqat bilan tikilib qaradi va enkayib oʻra boshladi. Oʻzini chapdast-epchil oʻroqchi hisoblagan Yormat Yoʻlchining ishidan kamchilik topib, oʻz mahoratini unga koʻrsatish umidida, bir muddat kuzatib turdi. Lekin uning tajribali koʻzi Yoʻlchining ishida hech qanday kamchilik koʻra olmadi, Ba’zi jihatdan, masalan, ildamlikda bu yigitni oʻzidan ustun koʻrdi. Boshqalarning ishini kamsitishni yaxshi koʻrgan bu «oʻzbilarman» odam bu gal jindan yon berishga majbur boʻldi.
— Durust, sartarosh soch olganday qirtishlab oʻrar ekansiz. Men ketdim.

Beda orasi juda issiq, goʻyo quyoshning butun olovi beda ichiga yashiringanday qizgʻin, boʻgʻuvchi havo yuzga uradi. Yoʻlchi moʻl-moʻl ter quyib, hech qayoqqa qaramay ishlayverdi. Oʻroq oʻtkir edi. Oʻralib-chaplashib oʻsgan qalin maysani «shar-shar» yiqib borar ekan, oʻzi ham zavqlandi.

Hozir uning koʻngli bir qadar koʻtarilgan: «Boy togʻam insofli odam boʻlsa kerak. Mana, haligi odam shuncha yil ishlabdi. Xizmatkor qul emas, foyda koʻrmasa turadimi? Gapiga qaraganda, xursandga oʻxshaydi. Qishloqda koʻp odamlarning yumushini qildim, mayli, bu yerda ham ishlay. Yaxshi ishlasam, albatta, chakki boʻlmaydi. Negaki, bular qarindoshlarim, hammadan yulsalar ham, mendan yulmaslar. Togʻam qancha nasihat qildi, men bilan qancha gaplashdi, Endi ishim oʻng boʻladi, endi ayam, ukam, singlim zoriqmaydilar. Lekin gap yaxshi ishlashda...» Shuning singari oʻy-xayollarga botib, moʻljallagan miqdorini oʻrib boʻldi. Soʻng, uyum-uyum toʻplab, keng qulochiga siqqancha koʻtarib, boyning tashqarisiga tashimoqqa boshladi.

Quyosh yashiringan boʻlsa ham, kunduzning yorugʻligi hali tamom soʻnmagan edi. Allaqanday mayin, muloyim jimjitlikni atrofda sigir, buzoqlarning ma’rashi, daraxtlar orasidan qushlarniig ora-sira yangrab, yana bir zumda tingan sayrashi seskantiradi. Hamma narsa horgʻin, mudrashga boshlagan kabi... Allaqanday poyonsiz gʻarib oqshom.

Boyning tashqarisida Yoʻlchidan boshqa hech kim yoʻq. Bu yerda hozirgina bemalol oʻynab yurgan ikki bola, Yoʻlchini koʻrish bilan, undan hurkkan kabi, ichkari hovliga qochishdi. Qishloqi yigit supa labida boshini quyi solib oʻtirar, kambagʻal qishloqdagi chordevor uyini, mehribon onasini, sevikli ukalarini koʻz oldiga keltirib oʻylar ekan, koʻchada birdan otlarning dukurini eshitdi, sakrab turib, darvozaga yugurdi. Chiroyli saman otning jilovini tugib, egasini qoʻltiqlab yerga tushirdi. U — oq jujun kamzul ustidan beqasam toʻn kiygan, oʻrta boʻyli,mallador, qora burama moʻylovli, dimogʻdor, qarashlari oʻtkir va, tez, yoshi qirqqa yaqin bir odam edi: bu Mirzakarimboyning oʻgʻli Hakimboyvachcha. Otdan tushib shoshib-pishib gapirdi:
— Yormat menga aytdi seni, jiyan. Yaxshi, otlarga qara, qarindosh!

Toʻnining etaklari bilan etigini nari-beri urib, ichkariga kirdi.

Yoʻlchi gali bilan mehmonlarning otlarini daraxtlarga ham devorga qoqilgan maxsus temir qoziqlarga qantarib bogʻladi. Bir nechasini otxonaga olib kirdi. Keyin alla-pallaga qadar qoʻrgʻon, ichkari hovli eshigi bilan shiypon orasida boʻzchining mokisiday qatnadi, mehmonlar uchun dam yasogʻlik patnislar, dam choy, dam non och qorinni kemiradigan lagan-lagan mantilar, dam kosalarda shoʻrvalar tashidi Yormat shahardan piyoda qaytib, oʻlguday horigani uchun, hamma otlarga Yoʻlchi qaradi. Bir mehmonga qarashli izvoshchi Joʻra aka bilan birga qorongʻida oʻtirib, mehmonlardan qolgan ovqatdan yedida, Yormat topib bergan bir eski koʻrpachani quruq yerga yoyib, boshini bir bogʻ hoʻl bedaga qoʻyib uyquga ketdi...

II

Yoz kechasi qisqa. Yoʻlchi bir chimdim uxlab, begona joyga oʻrganmaganidanmi, koʻzini ocharkan, tong otgan edi. Havo salqin, toza. Unda-munda qushlar sayraydi. Yoʻlchi oʻrnidan turdi, ariqda yuz-qoʻlini yuvib, tashqari sahnida bir oz kezdi Mehmonlar shiyponda shohi, atlas, adras koʻrpalarda, boshlarini oppoq va yumshoq yostiqlarga koʻmib uxlaydilar, ba’zisi pishillaydi, yana birovi xirillaydi, kimi sekingina burni bilan hushtak chaladi. Ba’zilari xurrak tortadi. Ular bir-birlari bilan oʻchakishganday, xurrakni daraja-badaraja oshirishga tirishadi: birisiniki avjga minganda, ikkinchisi boshlaydi.

Mayin tong shabadasi rang-barang gullarni sekin tebratib, atirlarini har yoqqa sepadi. Yoʻlchi bu goʻzal gulzordan uzoqlashgisi kelmasa ham, lekin xurrakni eshitmaslik uchun, bu yerdan ketdi. Mana yangi va koʻrkam izvoshchikning oʻrnidigʻida ikki bukchayib, uzun qamchini qoʻltigʻiga qis-irgan holda yazvoshchi Joʻraboy dang qotib yotadi.

Yoʻlchi otxonaga kirdi. Xashagini tugatgan otlar oldingi oyoqlarini yerga urib, tama bilan kishnadi. Yoʻlchi ularga beda tashladi. Keyin kurak va supurgi olib otxonani tozalay boshladi.

U bolalikdanoq otlarni sevar, yaxshi otlarni boqib, tomosha qilishdan har vaqt zavqlanar edi. Bu yerdagi otlar turli tusda va turli bichimda boʻlib, zotli, nodir otlar edi. Xalq bunday otlarni «bulutga sakraydigan ot» deydi. Kambagʻal yigit endi yorugʻda hamma otlarni ayrim-ayrim koʻzdan kechirdi. Ayniqsa, oyoqlariga, boʻyinlariga, boshlariga diqqat qildi. Toza supurgi bilan ularni boshdan-oyoq supurdi, qoʻllari bilan siypaladi, barmoqlari bilan yollarini taradi. Artgan, tozalagan sari semiz otlarning badandari yarqiraydi, koʻzga yana ham tovlanib, chiroyli koʻrindi.

Mana. Joʻraboy ham turib keldi. U oʻzining maxsus joyga bogʻlangan otiga yaqinlashib: «Ha, jonidan, yaxshimisan? Koʻngling nimani tusaydi? Aylanay, qora boladan!» kabi soʻzlar bilan otni erkalay boshladi.
— Uyquga qoniqdingizmi, Joʻra aka!— dedi Yoʻlchi.
— Kucher ahli, ham har xil xizmatkor ahli tiriklikda uyquga qonadimi, uka?! Oʻlganda — boshqa gap,— deb javob berdi Joʻra va oldingi tishlari tushgan ogʻzini katta ochib esnadi.
— Soʻzingiz toʻgʻri!
— Sen ham ot quliga oʻxshaysan-a?
— Boʻlmasam-chi,— dedi kulib Yoʻlchi,— ot eng yaxshi hayvon, juda suyaman.
— Suyganga yarasha, oʻzingniki boʻlsa!— dedi xoʻrsinib Joʻra.
— Ha...— deb javob berdi Yoʻlchi.— Lekin yaxshi niyat — yorti mol. Bir kun oʻz otimni minarman. Uchqur boʻlmas, uloqchi, poygachi boʻlmas, yomonroq boʻlar...

Joʻra qoʻllarini yoyib, yelkasini ojizona qisib umidsiz ekanini ifoda qildi. Otning yagʻriniga yopishgan bitta «itpashshani» tutib, soʻka-soʻka etik poshnasi bilan ezdi. Boʻgʻiq, xasta ovoz bilan sekingina kuyladi:

Lyublyu, lyublyu Mamajon, lyublyu, Mamajon,

Stakanda choy ichgan lyublyu Mamajon.

Keyin yengini shimarib, ot bilan chinakam mashgʻul boʻldi.

Yoʻlchi Joʻraning otini va unga qanday parvarish qilishini tomosha qilarkan, Joʻra boshqa otlarga bir zum koʻz tashlab, dedi: «Xoʻjayiningning samani yaxshi, agar ot tanisang, risoladagi saman — shu. Oʻziyam qizdek narsa-da».
— Sizniki-chi?— dedi Yoʻlchi kulib.

Joʻra oti haqida gap sotishni yaxshi koʻrar edi, darrov tili qichidi:
— Bu tugʻrida har qanday soʻz ortiqcha,— faxrlanib gapira boshladi Joʻra,— bu bittayu-bitta. Tengi-sherigi yoʻq. Buni chopganda koʻr. Yosh-qari, jamiki xaloyiqning koʻzi bunda! Uzoqdan qaraydi, qorasi oʻchguncha tikilib qoladi. Odamzodning koʻzi yomon boʻlar ekan, uka. Bir kun Eski Joʻvada xoʻjayinni kutib toʻxtagandim. Bozor kuni, odam qalin. Hamma koʻzini loʻq qilib otga qaraydi. Tak, tak. Pashsha talayaptimi, hozir hammasini jahannamga yuboramiz qoracham!—pashshalarni ezib davom etdi Joʻra.— Haligi yerda bir moʻysafid kelib, hassasiga suyalib, tikildi-qoldi. Oʻzi ilgari asli qallob ekan. «Mallaxondan beri yashayman, bolam, ne-ne xonlarning, ne-ne beklarning otlarini koʻrganman, ne-ne otlar oʻz qoʻlimdan ham oʻtgan. Ammo, bu otjon ekan. Qaysi boyniki, bahosi qancha?»—dedi. «Otni yeding» dedim ichimda. «Boshqasi boʻlsa, qamchi bilan solar edim, lekin soqoling oqini hurmat qildim», dedim...— Ertasiga ot ogʻrib qolsa boʻladimi! Kapalagim uchib ketdi. Yaxshiki mendan boʻlak hech kim payqamadi. Xoʻjayinim otni tariqcha ham tushunmaydi. Kishi molini saqlash benihoyat qiyin, uka. Oʻlib-netib qolsa baloga men qolaman. Xoʻjayin baqiroq odam. Yuvosh kishi ham xoʻjayin boʻlgandan keyin, oʻzini bilmay ketadi, koʻrganmiz. Xususan xizmatkorga oʻdagʻaylashni yaxshi koʻrishadi. Nima qilish kerak? Boshim qotdi. Lip etib, bir azayimxon domlanikiga bordim. Nafasi oʻtkir deb eshitar edim.— Pup, pup, pup... changga botibsan, jonivor. Hozir hammomdan chiqqan qizday yaltiratib qoʻyaman...— ha, domlaga nima dedim? Uyimizda bir bechora bemor bor, shaytonlab yotibdi. Taqsir, borib dam solib keling, shoyad nafasingizdan shifo topsa... Xoʻp, deb yonimga tushdi domlam. Otxonaga boshlab kirdim. Taqsir, mana bemor, dedim. Domla kuldi. Hech bokisi yoʻq, kecha gavmush sigirga ham dam solgan edim, dedi. Keyin duo oʻqib, otga dam urdi, sufladi. Isiriq tutat, dedi. Domlaga oʻz yonimdan bir soʻlkovoy qistirdim, ketdi. Ammo koʻzimga uyqu kelmadi. Qoq yarim kechada enam oldiga bordim. Birgina kampir enam bor, uka. Yoshim qirqqa kirdi. Na xotin, na bola-chaqa. Dunyodan toq oʻtdik hisob. Enam kinna solishga, kuf-sufga chaqqon. Kampirni uygʻotib: «Tur, karomatingni koʻrsat», dedim. Voqeani tushuntirdim. Kampir bilan joʻnadik. Qish kechasi. Sovuq. Yer oynaday. Boyoqish enam sirpanib, necha yerda yiqildi; harsillab, nafasi boʻgʻilib, axir yetib bordi. Tong otguncha enam bechora otga kinna soldi. Gap shunday, uka. Izvoshda «kataysa» qilish iuqul rohat. Lekin, nafsilamrda bizga oʻxshash otboqarga, haydovchiga qiyin, juda qiyin. Chu, nari tur, arzandam, tagingni tozalab qoʻyay endi.

Quyosh anchagina koʻtarilgan edi. Mehmonlar oʻrinlaridan turib, kiyinib, gulzor atrofida oʻzaro gaplashib, kulishib beparvo yurishar edi. Ularning gaplari, muomalalari, yurish-turishlari Yoʻlchiga tamom begona tuyuldi. Ularga yaqinlashuv emas, hatto uzoqdan qarashga ham botinmadi. Joʻra oʻz ishini bitirgandan soʻng, mehmonlar tomonga bemalol yurib bordi, hatto ba’zilari bilan ikki-uch ogʻiz soʻzlashib, koʻchaga chiqib ketdi. Yoʻlchi mehmonlardan uzoqda qoʻrgʻon ichidan oqib chiqayotgan ariq labida, daraxtga suyanib choʻqqaydi.

Qoʻrgʻon eshigidan Mirzakarimboy chiqdi. Yoʻlchi oʻrnidan turib salom berdi. Boy unga qaramasdan «vaalaykum» deb oʻtib ketdi. Bir ozdan keyin mehmonlar oldidan qaytdi-da:
— Bu yoqqa yurchi, jiyan,— dedi.

Boy ariqdan tetik hatlab, oldinda yurdi. Uning yangi amirkon kavushi yumshoq gʻirchillar, shohi yaktagi quyoshda jivir-jivir tovlanib, uchqunlanib yaltirar edi. U bogʻning tashqariga qaratilgan kichkina eshigiga kirdi. Yoʻlchining koʻziga «jannatday» katta bogʻ manzarasi ochildi, tomosha qilib, keksa togʻaning orqasidan yuraverdi. Orasidan Qoʻqon arava bemalol yuradigan keng, uzun ishkomlar ikki tanobdan moʻlroq yerni ishgʻol etgan. Koʻm-koʻk tok barglari ertalabki quyoshda jilvalanadi. Bogʻning toʻrt tomonini oʻragan baland, yangi paxsa devor boʻylab shaftolilar oʻsadi. Koʻplariga tirgovichlar qoʻyilgan boʻlsa ham, mevaning koʻpligidan shoxlari sinib, yerga tegib yetadi. Bogʻning quyisida katta olmazor... Yoʻlchiga shunisi qiziq tuyuldiki, bu yerda qay tomondan qaramang, hamma daraxtlar bir chiziq ustida, tekis saf tortib turadi, daraxtlar oʻrtasidagi masofa ham baravar. Daraxtlar tani pakana, mevasi moʻl va yirik. Lekin hozir deyarli hammasi koʻm-koʻk. Bundan tashqari, bogʻning turli joylarida har xil mevali daraxtlar — nok, oʻrik, behi, jiyda va hokazo anchagina.

Mirzakarimboy bogʻni aylanib, bir yerda toʻxtadi va kulib:
— Ishga tobing bormi, jiyan?— dedi.
— Ishga chanqovmiz-da,— deb javob berdi Yoʻlchi.
— Xoʻp, bogʻning shu ikki tomonidagi zovurni tozalaysan, ishkomni yaxshilab chopasan. Lekin bularni shunchalik aytib qoʻydim-da. Oldin qilinadigan boshqa ish bor. Yur, uni koʻrsataman.

Ular bogʻdan chiqish oldida, bir yigitga duch keldi. Yoʻlchi uni togʻasining kichik oʻgʻli Salimboyvacha ekanini payqadi. U ingichka, rangpar, qisiq koʻzli, quyuq payvasta qoshli, peshanasi torroq yigit edi. Yoshi yigirma beshdan oshmagan boʻlsa ham, qarimsiq koʻrinar edi. Uning boshida yap-yangi tagdoʻzi doʻppi, ustida choʻntaklari qop-qoqli, qaytarma yoqali uzui oq jujun kamzul, oyoqlarida ixcham, yangi etik. U toʻxtab gapirdi:
— Dada, bu yigit jiyaningizmi? Qalaysan, eson-omonmisan? Durust, durust...— koʻzlaridagi kinoya, labidagi sun'iy iljayish bilan Yoʻlchiga qoʻl uchini berdi va bir zumda bogʻ ichida gʻoyib boʻldi.

Mirzakarimboy kechagi bedazorning etagida toʻxtadi.
— Koʻrdingmi bu toʻnkalarni?—Yoʻlchiga qarab gapirdi u.— Bu yer chakalak edi. Oʻtgan yil hammasini kesib oldik. Endi sen ishga tushib, kundalarni qoʻpor, yerni tozala!
— Oldin buni bajaraymi?—toʻnkalarni koʻzdan kechirib soʻradi Yoʻlchi.
— Bugundan boshlayver. Bu zarur ish. Birinchidan, yer ochiladi. Ozgina yer emas bu. Taxminan chorak kam bir tanob. Yeni-veri bilan qoʻshilib, bir tanobdan moʻl yer qoʻlga kiradi. Keyin yaxshilab chopasan. Yarmiga sabzi, yarmiga kartoshka ekasan. Shu bilan qishligimiz bemalol chiqadi. Yana bu joyda qancha oʻtin yotibdi? Toʻnkalarni kavlab, bir chekadan yorilsa, talay oʻtin beradi. Oʻtinsiz qozon kaynamaydi. chirogʻim. Har nimani bozordan olaversa, Sulaymonning gʻaznasi ham chidamaydi, jiyan. Roʻzgʻorni bilish kerak. Boplab kundakov qil, ildizi qolmasin uqtingmi?

Yoʻlchi boshini qimirlatib tasdiq qildi. Shu yerda nonushta qilgandan soʻng, bir ketmon va bir bolta keltirib ishga tushdi. U har xil ogʻir yumushlarni qilib oʻrganib ketgan boʻlsa ham, toʻnka kavlamagan edi. Toʻnkalar juda koʻp ham bir-biriga juda yaqin. Yer esa tosh-metin. Qayragʻoch, teraklarning ildizi yer bagʻriga qattiq singgan. Yoʻlchi ishga razm solib, qaydan boshlash kerakligini oʻyladi. U avval katta kundalarning tevaragini ketmon bilan chopishga boshladi.

Ketmon yerga, naq toshga urilganday, tegadi. Yer ushalib, tosh parchalari singari atrofga sachraydi. U, bu yerga oldin suv qoʻyib, yer yumshagandan soʻng kavlash kerakligini anglasa ham, vaqtni yoʻqotmaslik va togʻaning amridan chiqmaslik uchun metin joyni kavlayverdi. Yer bora-bora kuchga boʻysunadi. Yoʻlchining zarbasi ostida toʻnkalar yalangʻochlana, oʻzining qoʻpol, bahaybat gavdasini koʻrsata boshlaydi. Birini qoʻporgandan keyin, ishning tiliga tushunadi. Tomogʻi qaqrasa, ariqdan suv ichib keladi, terlaydi, suvga chanqalganday hoʻl koʻylakni yechib, bir chekaga tashlaydi. Yoʻlchi katta toʻnkani yalangʻochlab, ildizlarini, yoʻgʻon tomirlarini bolta bilan urib, yerdan ayirar ekan, oʻzidan oʻn besh-yigirma qadam narida, bedapoya etagida, yoniga paqirini qoʻyib, unga yashirincha tikilib turgan bir qizga koʻzi tushdi. Qiz paranji oʻrniga churuk bir yaktak yopingan edi. Egnida eski, lekin oq chit koʻylak. Oyoqlarida juda eski kalish.

Yoʻlchi ishdan bir lahza boʻlsin toʻxtamadi. Lekin bolta urish uchun qaddini koʻtararkin, uning koʻzlari, goʻyo unga boʻysunmaganday, bir necha marta oʻsha qiz tomonga tortildi... «Bu kimning qizi, qaydan keladi, qayoqqa boradi, uning boqishlarini sszdimi, yoʻqmi»— Yoʻlchi bilmas, ammo uning goʻzalligini birinchi qarashdayoq his etdi. Qiz hali yosh boʻlsa-da, boʻychan edi, bichimi ingichka va sambit guli novdasiday adl edi. Oppoqqina, nozik yuzi quyoshda shunday tiniq koʻrindiki, goʻyo u nurdan yaratilganday. Peshana va chakkasida salqigan sochlarining jingalaklarida shu'lalar mavjlanib yonar edi. Nihoyat, Yoʻlchi boltani qoʻyib, manglayidan terini sidirdi-da, qizga dadilroq qaradi. Lekin qiz uyalib, darrov yuzini yashirdi. Bir minutcha qimir etmasdan, qayoqqadir qarab turdi, soʻig paqirni koʻtarib, bedapoya boʻylab yuqariga, boyning bogʻi tomonga yurdi. Yoʻlchi koʻzlarini qizdan uzmay qotib qoldi. Qiz nariroq borib, orqaga bir qayrilib boqdi. Yigit uning yuzlarida, koʻzlarida, qandaydir muloyim tabassum sezdi. Qiz bedapoyadan oʻtib, soʻl yoqdagi daraxtlar orasida gʻoyib boʻlgach, Yoʻlchi yengil, lekin yurakning ichidan kelgan bir xoʻrsinish bilan yana ishga tushdi.

Quyosh tik kelgan. Havo lovillab yonadi. Yoʻlchining yalangʻoch yelkasini va orqasini quyosh qizdiradi. It akillamaydi, qushlar sayramaydi. Ular oʻzlarini soyaga olib mudrashadi. Yoʻlchi yerning tosh bagʻrini yorib toʻnka qoʻporadi. Qorni ochganligidan, ichi achishib, qandaydir behuzurlik sezadi. Na choydan, na nondan darak bor. «Mehmonlar bilan ovora boʻlib, unutgan boʻlishsa kerak...» deb oʻyladi yigit.

Naq peshin vaqtida Yormat choy-non olib keldi, ularni yerga qoʻymasdan, Yoʻlchini koyidi.
— Tez chiqing-e... Kunning issigʻini sezasizmi?!— Yoʻlchining bajargan ishiga koʻz yugurtib, oʻzicha oʻyladi: «Devkor yigit ekan».

Ular daraxt ostida, salqinda oʻtirishdi. Yormat nonni ushatib, dastlab Yoʻlchiga choy uzatdi va jiddiy tus bilan dedi:
— Ishning pir urgani shu. Kishini chaqib qoʻyadi.
— Toʻgʻri, ammo yigit odamga hech narsa emas,— beparvo javob berdi Yoʻlchi.

Yormat maysa ustiga uzala choʻzilib, qattiq «uh» tortdi va choponining yoqasi bilan koʻkragini yelpidi.
— Mehmonlarni kutib charchaganga oʻxshaysiz-a, Yormat aka?— kulib dedi Yoʻlchi.
— Be... Mehmon kutish-a...— qoʻzgʻalmasdan gapira boshladi Yormat,— har qancha mehmon boʻlsa, oʻzlari kutishadi. Men qancha ish qilib keldim! Bir arava goʻng ortib, katta yerga eltib tashladim. Bir qozoqda ming bogʻ bedamiz bor edi, qaytishda undan bir arava bosib keldim. Yo kechki salqin bilan, yo ertaga ertalab shahar hovliga olib tushaman. Qanday beda, deng, bogʻi quchoqqa sigʻmaydi. Qozoq halol ishlaydi, bizning sartiyada insof yoʻq. Oʻziyam suv tekin tushdi. Xoʻjayin erta koʻklamda shartlashib, pulni toʻlab qoʻygan edi.
— Puldorlar har bir narsani oʻz vaqtida gʻamlab, arzonga tushirishadi. Kambagʻalning shoʻri quriydi, kerak vaqtda birni ikkiga oladi.
— Nafsilamr, gapingiz juda toʻgʻri.
— Togʻamizning yana boshqa yerlari bormi? Qaerda?— dedi Yoʻlchi.
— Bu shunchaki salqinlab ketiladigan joy. Katta yer yuqorida, shu yerdan bir soat moʻlroq yurasiz, u yerda nuqul paxta unadi. Unda xizmatkorlar, mardikorlar ishlab yotadilar. Eh-he, hali siz nima deb oʻtiribsiz. Ayniqsa, xoʻjayinning katta oʻgʻli Hakimboyvachcha paxtaga juda oʻch odam. U kishi yolgʻiz vaxta savdosi bilan ovora. Toshkentdan, Fargʻonadan ham koʻp paxta sotib oladi. Bularning hamma ishidan xabardorman. Axir kecha aytdim-ku, oʻn olti yildan buyon shu yerda xizmat qilaman. Shu yerga kelgan yilim, xudo bir qiz bergan edi, mana hozir boʻyi yetib qoldi. Boshqa farzandim yoʻq, xudo umr bersin, ishqilib chirogʻimni oʻsha yoqsin...

Yulchining yodiga haligi qiz tushdi: «Shuning qizi emasmikin?»—U piyolaga choyni quyib, Yormatning oldiga qoʻydi.
— Iching. Siz toshkentlikmisiz?— dedi Yoʻlchi. Yormat boshini koʻtardi, bir qoʻlini yerga tirab yonboshladi. Choydan bir-ikki hoʻplab, soʻzga kirishdi:
— Men Samarqandning bir qishlogʻidanman. Yosh pallamda yetim qoldim. Oʻgʻirlikdan boshqa ishni — jamiki hunarni qilib koʻrdim. Keyin samarqandlik bir boyga qarol boʻlib yollandim. U kishi togʻangiz bilan doʻst edi. Xoʻjayin Samarqand borsa, toʻgʻri biznikiga borib tushar edi. Uch-toʻrt yil ishlaganimdan keyin, xoʻjayinim umri qisqa ekan, oʻldi. Mol-mulki yosh bolalariga qoldi. Oʻrtada har xil merosxoʻrlar koʻpaydi. Boylikning tagiga suv ketdi... Shu oʻrtada birdan bu xoʻjayin borib qoldilar. Toshkentga qaytishda meni ham olib joʻnadilar. Chunki yaxshiligimni, toʻgʻri, halol ishlaganimni bilar edilar. Umr ariqdagi suvdan tezroq oqar ekan. Shuncha yil oʻtibdi, ammo menga xuddi kechagiday boʻlib koʻrinadi.

Yoʻlchi diqqat bilan tingladi, Yormat piyolani. boʻshatib yana davom etdi:
— Bu oilada nima sir oʻtsa, barchasi menga ayon. Toʻy, aza — barisiga aralashaman. Mehmonlarini, qarindoshlarini ham taniyman. Boyning davlati ham menga ma’lum. Togʻangiz miqti boy. Ayniqsa, mana shu besh-olti yil ichida boylik juda zoʻrayib ketdi, xoʻp deyavering. Xudoning qudratida, davlat bir kelsa, daryodek toshib kelar ekan... shunday, uka. Men bu dargohning oʻz odamiman. Dadangizni ham taniyman, bir-ikki suhbatlashgan edim, bu kun esimga tushdi.
— Siz xoʻjayindan yillik haq olsangiz kerak? — Yormatning ogʻziga qaradi Yoʻlchi.

Yormat bir nafas sukut qildi. Bu savolga qanday javob berishga qiynalgan kabi, nosqovogʻini oʻynab, yerga tikildi. Soʻng asta gapirib ketdi:
— Xudo haqi, men xizmatimga bir narsa bering deb soʻramayman. Insof oʻzlaringga bersin, deyman-da, yuraveraman. Qishda xoʻjayinlarning yonboshida boʻlgan bir katalak hovlida yashayman. Yozda anov bogʻning orqasida bir ayvonchada turamiz. Oʻz dekchamizni oʻzimiz qaynatamiz. Xoʻjayinning qozonidan unda-munda bir totmasak... yoʻq, moysiz boʻlsa ham oʻz dekcham yaxshi. Ayolim qishin-yozin ichkari hovlining yumushini qiladi, kir yuvadi, uy-joyii supuradi, non yopadi, koʻrpa qaviydi. Xoʻjayinning qizi uchun palak, dorpech, qiyiq tikadi. Yumushdan koʻpi bormi! Uka, bor-boricha, yoʻq — holicha, ishqilib, bir kunimiz oʻtib turibdi. Tirikchilik qiyin. Bir vaqtlar tuya yongʻoq, endi qumaloq ham koʻzga dori. Non topolmay koʻchada gadoylik qilib yurganlar ozmi, uka? Xudo shundan saqlasin...

Yormat ogʻziga nosvoy solib, jim boʻldi. Yoʻlchi ham boshini quyi solib, bir oz dam olishni istadi. Nogoh jimjit va qizgʻin havoni yangratib, hofizning ta’sirli ovozi koʻtarildi. Ashulaning kuyi, aytuvchiniig tom jarangli ovozi Yoʻlchining yuragiga bahor latofati kabi toʻqindi. U koʻzlarini suzib, ashula yangragan tomonga qaradi. Kuy uzoqdan, boynikidan uchar edi. U zavqni buzmaslik uchun, Yormatga bu toʻgʻrida hech nima demadi. Yoqimli sadoning sehriga berilib, koʻzlari sekin yumildi, boshi yana quyiroq tushdi. Uning ruhi goʻyo ashulada jimgina eridi. Muloyim, dilnavoz sadolar uning butun tomirlaridan hordigʻini sugʻurganday boʻldi. Ashula nihoyasiga yetdi. Lekin bir zumdan keyin, yana ayni tovush parvoz qildi. Ammo oʻzga maqomda, oʻzga, yana chuqurroq mavjlanishlar, jilvalar bilan koʻngilni yana qattiqroq sehrlovchi ingichka titramalar va ranglar bilan... Havoda u kuyning soʻnggi mavjlari tinarkan, Yoʻlchi dedi:
— Rosa ovozi bor ekan-da, yoʻlini ham qiyar ekan. Togʻamiznikidanmi?

Nosvoyini tuplab, iljayib javob berdi Yormat:
— Ha, biznikida.
— Kechasi hech nima aytmadi-ku, kunduz keldi shekilli. Yormat kuldi.
— Bu hofiz butun olamga tanilgan. Yakkayu yagona ovoz... Ammo hozir oʻzi bu yerda yoʻq.
— Nima deysiz,— hayratlanib dedi Yoʻlchi?— Oʻzi boʻlmasa, ashula qaerdan?
— Toʻgʻri, oʻzi yoʻq, ashulasi bor... Gramofon degan buyumni koʻrganmisan, yo eshitganmisan?— kulib soʻradi Yormat.
— Yoʻq, u nima boʻladi?
— Ashulachining ovozini mashinaga koʻchiradi, ayrim-ayrim lagancha qilib... keyin shu mashinaning qulogʻini burasang, lagancha gir-gir aylanib, ashula, dutor tanbur vangʻillayveradi. Xuddi jonli odamday.
— Qishloqi deb meni laqillatmoqchimisiz?— qoshini chimirdi Yoʻlchi.
— Nega laqillatayin?.. Ilm-hikmat bilan har nimani qilsa boʻlar ekan. Shaharda koʻnkani ilgari ot surgar edi. Mana endi koʻnka otsiz yuribdi. Otsiz qanday yuradi? Hammasi ilmi hikmat. Gramofon ham shunday. U Farangistondan kelsa kerak. Tunov kuni bir bilgich odam: «U yoqda hunar baland boʻladi», degan edi. Gramofon boylar orasida rasm boʻlib qoldi. Shunday oʻtirshilarda oʻrtaga qoʻyib chalishadi. Ishonmasang, kechqurun senga koʻrsatay.

Birdan boshqabirovoz eshitildi: kimdir tez-tez gapiradi, dam erkakcha, dam xotincha soʻzlaydi, dam chaqaloq boʻlib «inga»laydi... Yoʻlchi taajjublanib, Yormatga qaradi.
— Bu «Abdulla fonuschi» degan katta qiziqchi. Hozir gramofonda qiziqchilik qilayotibdi,— dedi Yormat. Yoʻlchi «tavba» deb oʻrnidan turdi, ketmonni olib ishga tushdi. Yormat choynak-piyolani koʻtardi, ketar oldida qichqirdi:
—Boshing sogʻ boʻlsa, hali Toshkentda koʻp ajoyib ishlarni koʻrasan, yigitcha!..

III

Mehmonlar juda ustalik bilan pishirilgan qozon kabobni ishtaha bilan yeb, ustidan bir kosadan «qobiliy shoʻrva»ni ichib, ogʻir nafas olishar edi. Yormat supa atrofiga suvni qalin sepgach, ular supaga oʻtishdi. Chaqnab yonib turgan qizil, yumshoq gilam chetlariga yozilgan shohi koʻrpachalarda, katta par yostiqlarga yonboshlab choy ichar edilar. Issiqning va yogʻliq ovqatlarning damini kesish uchun hech kim piyoladan, choynakdan qoʻl uzmas edi. Me’daning toʻlganligidan va issiqdan semizlar ayniqsa behuzurlik sezar edi. Sakkiz mehmon ichida ikkisi benihoya semiz edi. Biri yaqinda boy boʻlib, birdaniga semirgan, paxta zavod sohibi Jamolboy, ikkinchisi ota-bobosidan «boykalon» oʻtgan qoʻychi Sultonbek edi. Ular supaning ikki tomonida, bir-birlariga roʻbaroʻ yonboshlab harsillashar, ba’zan bir-birlarining semizliklaridan kulib, doʻstlarcha yengil hazillashib qoʻyishar edi. Mehmonlarning aksari oʻrta yoshli — Oʻttiz-qirq orasidagi odamlar edi. Ular achchiq choyni sipqirib, savdodan, xotindan, banka muomalalaridan soʻzlashar, toshkentlik mashhur bir boyning xasisligi haqida eng keyingi, hali hech kimning qulogʻiga chatilmagan latifalar suhbatga «rang» berib turar edi. Bu yerdagilar esa oʻzlarini «tanti», balki «xotamtoy» deb hisoblar edilar...

Qoʻrgʻondan — ichkari hovlidan Mirzakarimboy chiqib keldi. Mehmonlarga: «Zerikmadingizlarmi?» deb, supaning bir chetiga oʻtirdi. Cholning hurmati uchun mehmonlar oyoqlarini yigʻib oʻtirishga urindilar.
— Bahuzur yoyilib oʻtiraveringlar. Dalada yoz pallasida yoyilib oʻtirish — rohat,— dedi mehmonlarga murojaat qilib boy.

Gap-soʻz bir-biriga ilashmadi: chol oldida xotinlar haqida soʻzlanilmadi, xasis boy toʻgʻrisidagi latifalar ham tugadi. Sultonbek pishillab mudray boshladi.
— Mulla Abdishukur,— Mirzakarimboy mehmonlardan biriga murojaat qildi,— olamda nima xabarlar bor, gapirsangizchi. Koʻpdan buyon siz bilan suhbatlashishga toʻgʻri kelmadi.

Abdishukur manglayi tirishgan, koʻzoynakli, etsiz, qoramtir yuzi ichiga botgan, qisqa moʻylovining ikki uchini ingichka burab, burnining kataklariga yetkizgan, zamonasiga nisbatan qisqaroq kamzul kiygan oʻttiz besh yoshli, oriqqina kishi bu yerdagilar orasida hamyoni quruq, soʻzga toʻliq shu edi.

Toshkentning «Askiya» mavzuida otasining bir parcha yeri boʻlgan. Butun oilasi bu yerga pomidor, piyoz, rediska, karam va hokazo rezavor ekib, mumkin qadar eldan burunroq bozorga chiqarib, «pul» qilishga tirishar edi. Abdishukur bu yoʻldan ketmadi. Mahalladagi maktabni bitirib, madrasaga kirdi. Madrasa hujrasiga tiqilib, moddiy qiyinchiliklar ichida toʻrt yil oʻqidi. Keyin madrasa ilmlaridan koʻngli soviy boshladi, chunki imom boʻlish uni sira qiziqtirmadi. Buning ustiga u mudarris ham mullavachchalar bilan yaxshi chiqisha olmadi. Tahsilini chala qoldirib, madrasadan chiqdi. Tahsil uchun Istambul yoki Misrga joʻnash orzusi, mablagʻ yoʻqligidan, amalga oshmadi. Bir qancha vaqt bekor yurgach, «ishbilarmon» amakisiniig yordami bilan, nihoyat, bir boyga mirza boʻldi va xizmat uchun Toʻqmoq shahriga joʻnadi. Bu yerda bir tatar savdogarining xizmatiga oʻtib, Qozonga ketdi. Qozonda uch yil yashadi. Tatar savdogarlari orasida aylanarkan, uni-buni tanidi. Yoshlar bilan ham bir qadar aloqa bogʻladi. Gazeta-jurnal mutolaasiga odatlandi. Toshkentga qaytgach, u oʻzini eng «koʻzi ochiq» va «yangi fikrli» musulmonlardan hisoblab, «usuli jadid» maqtablarini ochishga tashqivot yurgiza boshladi. Shoirlik iste’dodidan tamom mahrum boʻlishiga qarmay, u «millatni uygʻotish» uchun vazni buzuq, fikri sayoz, rangsiz nazmlar yozdi. Hozir muntazam ravishda turk va tatar matbuotini ta’qib etadi. Tatar ruhoniylaridan Musabegiev va Rizaiddin Faxritdinlarni buyuk olimlar deb biladi. Turk adibi Ahmad Midhatni yagona «xazinaiy ilm va urfon» hisoblab, topinadi. Ruschada kitob mutolaa qila olmasa ham, lekin mukallima tiliga ancha-muncha epchil. U bolalik chogʻida dadasi bilan birga yangi shaharda rezavor sotib yurgandayoq ruschaga tili yugurik boʻlib qolgan edi. Abdishukurni ba’zilar «zakunchi» deydi, ba’zilar «dahriy» deydi. Hozirgi kunda Jamolboyning prikazchigi, doʻsti va kengashchisi. Kecha u xoʻjayini bilan izvoshga oʻtirib, bu yerga mehmon boʻlib kelgan edi.

U qutisi ustiga «Roza» deb yozilgan papirosni qoʻliga olib, gugurt chaqmasdan ilgari. Mirzakarimboyni qanoatlantirishga tirishdi.
— Taqsir, olamda gap koʻp... Yer yuzida boʻlgan jami voqealarni har kun gazetalar yetkazib turadi,— dedi va eng soʻnggi xabarlar bilan eski xabarlarni aralashtirib, birmuncha ma’lumot berdi. Keyin islom olami masalalariga koʻchdi, boʻlib oʻtgan «Bolqon muhorabasi»ni tilga olarkan, urush voqealarini tinglashni yaxshi koʻrgan Mirzakarimboy darrov uning soʻzini kesdi:
— Qaysi qiron qaysi qiron bilan urushdi?

Bolqon urushidan xabarsiz bir musulmon boyining savoliga u ichidan afsuslansa ham, lekin buni sezdirmadi, avvalgi tur bilan gapini davom ettirdi. Bu urushda qaysi davlatlar ishtirok qilganini va urushning oqibatini soʻzladi.
— Bulgʻor, Yunon hukumatlari deysizmi? Bachchagʻarlarning nomlari juda xunuk ekan-da!— dedi bir savdogar.

Abdishukur davom etdi soʻzida:
— Butun olami islomning xalifasi Sulton hazratlari bu urushda tanho qoldilar, askarlari qattiq magʻlub boʻldi. Musulmonlarning ittifoqsizligi, bir-birining holidan xabarsizligi natnjasida islomning obroʻsini tushirgan bunday foji voqealar roʻy berdi... Xususan biz, Turkiston musulmonlari chuqur gʻaflatdamiz. Agar biz jahdu jadal qilib bu jaholat botqogʻidan qutulmasak, taraqqiy yulini tutmasak, boshqa musulmon mamlakatlari bilan ittifoqni mahkamlamasak, yaqin oʻrtada biz, musulmonlarning muqaddas yerlarimizni ham xristianlar bosib oladilar. Makkaiy Mukarramani, Madinaiy Munavvarani ham ular toʻpga tutishdan toymaydilar.
— Bir narsaga oldindan hukm etish toʻgʻri emas, Abdishukur,— salmoqlab dedi Mirzakarimboy,— har bir ish Olloning buyrugʻi bilan boʻladi.

«Burnidan tortsa yiqiladigan», kuchsiz, xunukkina kishi — bazzoz Abdulxoliqboy qoshini chimirib, ingichka, xotinchalish ovozi bilan gapga aralashdi:
— Siz oq-qorani tanigan odamsiz, Abdishukur. Bir narsani aslo yoddan chiqarmangki, Ka’batulloga hech bir kofirning qadami tegmas, inshoollo, nainki kofirlar bosib olsin, toʻpga tutsin! Nimaga desangiz, har bir musulmonga ma’lumki, Muhammad alayhissalomning qabr shariflari bor u yerda, yana u yerda qancha aziz-avliyolar yotibdi. U yerni Olloning oʻzi saqlaydi. Biz bir bandamiz, ammo aqlga sigʻadigan narsani soʻzlaymiz.
— Xudoning uyiga kofirning zambaragi tushadimi!..— soʻzga kirishdi chinnifurush Tojixonboyvachcha,— Oʻtgan yil amakim hajdan keldi. U kishining aytishiga qaraganda, paygʻambarimizning qabrlari ustidan kaptarlar ham uchib oʻtishga jur'at qilolmas emish, shunday uchib kelib, ziyorat qilib, yondamalab, yana qaytarmish.
— Qudratli parvardigor, shak keltirib boʻlmaydi,— deb mingʻilladi Mirzakarimboy.

Qalin, goʻshtdor labini sekin qimirlatib, Sultonbek soʻz oldi:
— Rostini aytsam, shu zamonda gap-soʻz qaynab ketgan. Lekin birovining ham ma’nosi yoʻq, birida ham maza-matra yoʻq. Hammasi bosh ogʻrigʻi gaplar. Bilmadim, boʻyoqchining nili buzilganmi, yo oxir zamon yaqinlashib, ya’juj-ma’juj xuruj qilganmi?—Sultonbek atrofidagilarga koʻl yugurtdi. Keyin burnini kavlab, harsillab davom etdi.— Har xil tirranchalar paydo boʻlibdi. Abdishukur ularni yaxshi taniydi,— istehzo bilan Abdishukurga qarab qoʻydi,— tirranchalar har qadamda boʻlmagʻur maslahatlar berishadi. Shu yaqinda yor-doʻstlarim bilan oʻtirganimda, soʻz toʻy ustida bordi. Shu yil kuzda oʻgʻlimni toʻy qilaman, degan niyatim bor, deb ulardan maslahat soʻradim. Yaxshi-yaxshi maslahatlar berishdi. Lekin mahallamizda gazet oʻqiydigan bir «shumtaka» bor, u haromi nima deydi? «Sultonbek aka, siz shariatga qarab, mavlud toʻyi qiling; butun yurtga ibrat boʻlsin: «Sultonbekdek bir davlatmand oʻz oʻgʻlini mavlud toʻyi bilan kesdi, deb gazetaga yozaman», deydi... «Uka, u toʻying qalay boʻladi?» «Yigirma-oʻttiz odam chaqirasiz, mavlud oʻqiladi. Mana shariat toʻyi...» deydi. Buni eshitib, azbaroyi xudo, tutaqib, isitmam chiqib ketdi. «Arvoh oshi» bermayman, oʻgʻlimni toʻy kilmoqchiman, toʻy, dedim. Uch biya, yigirma bir dona qoʻy soʻyaman, nogʻora-karnay bilan uch kun osh beraman; ota-bobom haftalab toʻy qilgan odamlar, dedim. Xoʻsh, bu tirranchalar birovning toʻyiga nimaga aralashadi? Gazetangni oʻqib yuraver. Men katta toʻy qilsam, oʻz oʻgʻlim uchun qilaman, oʻz pulimni sarf qilaman. Menda ham orzu-havas bor. Agar shariatimiz mavlud toʻyini buyurgan boʻlsa, nega ulamolarimiz hech nima deyishmaydi? Madrasa tuprogʻini yalamagan u tirrancha qayoqdan shariatni biluvchi boʻlib qoldi? Yana shunisiga dogʻmanki, ba’zi bir boylarimiz, ba’zi savdogar bolalari ularning soʻziga ishonadi. Mana Azimhojining oʻgʻli Tursunboyvachcha yangi maktab ochishga urinib yuribdi. Tunov kun biznikiga kelib, meni ham avray boshladi. Bir oʻgʻlim qorixonada oʻqiydi, bir oʻgʻlimni Xadradagi oʻris maktabiga berdim, shu bas dedim.— Sultonbek soʻzlab charchaganday, yostiqqa ogʻir yonboshlab qip-qizil boʻynidai va charx tovoqday yuzidan terini arta boshladi.
— Xadradagi maktab bolalarimizga kifoya qiladi-ku, yana qanday maktab lozim?— dedi bir savdogar.

Abdishukurning tili qichib, yangicha toʻy haqida, ulamo, shariat va maktab toʻgʻrisida mufassal izoh bermoqqa chogʻlangan edi, lekin soʻzni Hakimboyvachcha ilib ketdi. U yangi maktabga qarshi boʻlmadi. Lekin, yangi maktabda «Qur'on karim» va boshqa diniy darslarning koʻproq oʻqitilishi kerakligini ta’kidladi. Toʻy toʻgʻrisida shunday dedi: «Shariatda isrofgarchilik buyurilmagan, deb eshitamiz. Ammo, toʻy toʻgʻrisida ulamolarimiz yoʻl koʻrsatmaguncha, yoshlarning gapiga e’tibor qilib boʻlmaydi. Zeroki, xalqning otasi, shariatning homiysi yolgʻiz ulamolarimizdir. Yoshlar «yangi fikr», «eski fikr» degan gaplarni yigʻishtirib, ulamolarimiz bilan qoʻlma-qoʻl ishlashlari, ulamolar oldida adab saqlashlari kerak. Ulamodan tashqari shariat ishlariga aralashish — shariatga raxna solish, uni buzish bilan baravar. Buning oqibati, albatta, yomon. Ulamolarga aslo til tegizmangizlar, Abdushukur!»

Hali va’z etishga oshiqqan Abdishukur, endi sukut qilishni lozim bildi, faqat, Hakimboyvachchaga iljayib qarab, uning soʻzini bosh qimirlatish bilan tasdiq qildi Bir zum choʻzilgan sukutni Salimboyvachcha buzdi.
— Ulamolarimizda ham ayb koʻp,— akasiga qarab dedi u,— bid'at ishlarni yoʻqotish oʻrniga, ularni himoya qiladilar. Toʻy-hashamlarda boʻladigan isrofgarchilikni ular man qilmaydilar. Oʻzlari toʻyma-toʻy yurishni, yarqiroq choponlar kiyishni yaxshi koʻradilar. «Boylar toʻylarga sarf qiladigan pulni savdoga ishlatsin, teatr ishlariga bersin» deydi yoshlarimiz. Bu toʻgʻri narsa. Ulamolarimiz gazeta oʻqigan odamlarni ham «kofir» deb hisoblaydilarku, bu jaholatdan boshqa narsa emas.

Mehmonlar uning gapiga yaxshi e’tibor qilmagan boʻlsalar ham, Mirzakarimboy oʻz oʻgʻliga oʻqrayib, boshini quyi solganini hamma sezdi.
— Ukamiz Salim,— dedi Hakimboyvachcha,— ogʻziga nima kelsa, shuni valdirayveradi. Oʻrtoqlari haligi tirranchalardan...

Salim indamadi, soatining oltin zanjirlarini oʻynab, avvalgiday oʻtiraverdi.
— Shu teatr degani nima? Ot oʻyinimi?—Abdishukurdan soʻradi choyfurush Sadriddinboyvachcha.
— Tamom boshqa narsa u, Sadriddin aka! Bir karra koʻrsangiz, u har kim uchun bir maktab ekanini anglaysiz,— dedi Abdishukur.
— Men koʻrdim teatrni,— hovliqib, pixillab soʻzga kirishdi paxtachi Jamolboy, — Abdishukur qiziqtirgan edi, borsam boray dedim... Siz uni maktab deysiz. Abdishukur, qanday qilib maktab boʻladi u? Domla qani, shogird qani? Men borganimda bir ilmsiz bolaning bezori boʻlib ketganini koʻrsatishdi, xolos.
— Maktab emas, ibrat deng,— kimdir izoh berdi.
— Menga qolsa hech nima emas,— davom etdi Jamolboy,— Oʻsha kuni Abdishukur ham oʻynadi. Qizigʻi shuki, men uni sira tanimay qoldim. Bu kishi ola bayroq toʻn kiygan, uzun soqolli, bilmadim, imommi, eshonmi boʻlib chiqdi... Ovozidan ham tanimadim. Abdishukur, ovozni bunchalik boshqacha qilishni kimdan oʻrgandingiz? Hunaringga balli-e... Lekin, toʻgʻrisini aytsam, ot oʻyini ancha l.shq. Bularnikini koʻrib boʻlguncha, yuragim tars yorilib ketayozdi. Nuqul gap. Tagʻin belatga besh soʻlkavoy toʻlabman. Belat bahosi emas, yordamingiz, deb qoʻyishdi! Bir marta koʻrdim, bas, endi yelkamning chuquri koʻrsin.— Jamolboy hammaga bir-bir qarab, «qih-qih»lab kulib qoʻydi.
— Ilgari hayit kunlari Koʻmirsaroyda qoʻgʻirchoqbozlik, «Chodir xayol!» boʻlar edi. Endi nomini boshqa qilishibdi-da mazmuni.
— Oʻlmagan qul har nimani koʻraverar ekan,— dedi Mirzakarimboy peshanasini qashib.
— Bizning teatr hali yangi-da. Usta oʻynovchilar yoʻq,— izoh bera boshladi Abdishukur,— madaniyatli mamlakatlarda teatrlar baland darajada boʻlarmish. Koʻp ma’nidor narsalar koʻrsatilarmish. Xalqning ragʻbati ham katta boʻladi, deb eshitaman. Yaqinda bir oʻris advokat bilan soʻzlashdim. Maskov, Peterburg teatrlarini gapirgan edi, ogʻzim ochilib qoldi.
— Maskovga, Peterburgga koʻp qatnadim, oylab u shaharlarda qoldim. Bir marta ham koʻrmabman-da,— dedi bir mehmon.
— U yerlar boshqa. Peterburg oqpodshohning poytaxti. U yerda har qanday ajoyib ishlar boʻlsa yarashadi,— chedi Hakimboyvachcha.
— Oqpodshoh ham borarmikinlar teatrga?— kimdir soʻradi Abdishukurdan.
— Albatta, albatta boradilar.
— A, ha!..— bu sado bilan uch-toʻrt kishi birdan oʻz hayratini bildirdi.

Abdishukur tushida ham koʻrmagan poytaxt teatrlarini maqtamoqchi boʻlib, endi soʻz boshlagan edi, Yormat dasturxon keltirib, norin tayyor boʻlganini bildirdi. Mehmonlar oʻrinlaridan turib, uvushgan oyoqlarini uqalab, kerishib, kim qoʻl yuvishga, kim «tahorat ushatishga» tarqaldi.

IV

Yoʻlchi otxonaning bir tomoniga uyilib, sasib-bijib yotgan goʻngni katta yerga eltish uchun aravaga tashimoqqa kirishgan edi. Uch hafta qadar bu yerda yashab, boy togʻaning hamma yumushlarini yaxshi bajargani va mehnatga layoqatini, uquvini yaqqol koʻrsatgani uchun boy unga katta yerga chiqib paxtada ishlashga buyruq bergan edi. Birinchi qopni darvozaga olib chiqib aravaga toʻqish oldida, Yormat uzoqdan qichqirib, uni toʻxtatdi:
— Bu kun joʻnamaydigan boʻldik.
— Nega?
— Togʻangizning xotinlari kelinlari bilan birga bir qudanikiga tugʻuriqqa borar ekanlar. Arava kerak.
— Xoʻjayin koyimasmikin?
— Ertaga joʻnaymiz-ku. Javobini xotin xoʻjayin beradilar. Boyoqish xotinlar ham bir yayrab kelsin-da.

Yoʻlchi qopni devorga tirab qoʻyib, darvozaning yonidagi kichkina supachaga oʻtirdi. Yormat chelak bilan aravaga juda koʻp suv sepdi. Soʻng, yaxshilab supurdi. Otga chigʻanoqli asboblarni taqib, yolini qizil lattalar bilan, oʻrib, otning atrofida aylanib, unga juda zeb berdi. Otni qoʻshgandan keyin aravaga qalin namat soldi, ustidan koʻrpacha yoydi. Uning har bir harakati, xotinlar uchun mumkin qadar qulay, oʻngʻay joy hozirlashga tirishgannni koʻrsatar edi. Xoʻjayinlarning xotinlarini, bola-chaqalarini aravaga solib, dabdaba bilan mehmondorchilikka, olib yurishni u juda yaxshi koʻrsa kerak, shuning uchun hozir magʻrur va shod edi. Lekin u shodligini bildirmas, hatto qovogʻi soliqroq koʻrinadi. Yoʻlchi bu kishining qiliqlarini bir daraja sinagani uchun, uning «bola tabiati»ga ichidan kulib oʻtiraverdi. Arava tayyor boʻlgach, Yormat bir muhim narsani unutganday, bir yoqqa yugura ketdi. Allaqaydan kichkina narvoncha keltirib, aravaning orqasiga tiradi. Koʻlini beliga qoʻyib, oʻzi ham shu yerda qaqqaydi.

Xotinlar ancha kechikib chiqishdi. Avval banoras paranji yopingan qaynana — Mirzakarimboyiimg xotini, harsillab-gursillab, narvonchaning har pogʻonasiga qadam qoʻyganda «bismillo»ni takrorlab, aravaga oʻtirdi. Uning ketidan, biri koʻk duxoba, ikkinchisi zangori duxoba paranji yopingan qoʻsh kelin — Hakim va Salimboyvachchalarning xotinlari chiqishdi. Xotinlarning bema’ni qiy-chuvi, arzanda bolalarning xarxashasi hamma yoqni tutdi. Yoʻlchi bolalarni bir-bir koʻtarib, xotinlar orasiga joylashtirdi. Yormat ichkaridan bir necha savat moykulcha ham dasturxondan isi, bugʻi burqib turgan bir togʻara palov va hokazo olib chiqdi. Arava liq toʻldi. Yormat aravaning har qismiga razm solib, keyin chaqqonlik bilan otga mindi. U yangi, «havaskor» oʻspirin aravakash kabi, gerdayib, yelkasini qiyshiq qilib oʻtirdi. Keyin «chu» deb otga qamchi urarkan, Yoʻlchiga qichqirdi.
— Hov, yigit, kechagi chopiqni bitirib qoʻying! Yoʻlchi chopiqqa tushmasdan avval soch oldirish uchun guzarga chiqdi. Moʻysafid sartarosh uni bequvvat shalaq kursiga oʻtqazib, kirdan qatirmalanib yaltiragan lungini boʻyniga ilib, boshini ishqalay boshladi. Qattiq suyak panjasi bilan uzoq ishqaladi. Atrofda gʻuv-gʻuv pashsha oyoqlarga yopishadi, burun kataklariga suquladi, quloqni uzadi, bir zum tinchlik yoʻq. Yoʻlchi soch oldirib boʻlguncha, qiynoq ichida toqatsizlandi. Oʻrnidan turgach, bir «uh» tortib, yengillandi. Moʻysafidning kaftiga yarim tanga qistirib, choyxonaga oʻtdi.

Choyxonachi ellik yoshlarda boʻlgan yumaloq —«girdigum» odam, harakati juda sust, qarashlari yalqov. Bir soʻzni oʻn boʻlib bazoʻr chiqaradi. Qarshidagi choyxonachi uchqun tegishi bilan guv alangalanuvchi qirindi boʻlsa, bunisi alangani soʻndiruvchi hoʻl toʻnka, choyxonada odam koʻp. Oʻrtada davra qurib, bir toʻda yigitlar oʻtiradi. Aksarining qoʻlida bedana. Soʻzlar ham bedanabozlar ustida.

Yoʻlchi zerikdi. Choy chaqirmasdan tashqari chiqdi. Choyxonadan nariroqda, koʻcha sathidan bir oz baland turgan va chirik taxtalari oʻrniga yoʻgʻon-ingichka xodalar yotqizilgan koʻprik oldida qovun ortgan arava toʻxtaganini va dehqonning behuda urinishini koʻrdi. Aravakash yelkasini gubchakka tirab itarsa ham, ot toʻrt oyogʻi yerga mixlanganday, qimir etmasdi. Koʻmaklashuv uchun Yoʻlchi yugurib bordi. Otning jilovidan tortdi, aravakash gʻildirakdan turtdi. Ot siljimadi. Ot qari va benihoya oriq edi, dumini qimirlatishga ham erinar, boshini quyi solib, chirkinlashgan koʻzlarini ojiz javdiragan edi. Arava ham koʻhna, yamoq-yasqoq, gʻildirak temiridan unda-munda parcha-purcha qolgan, kegaylari shaloq...
— Dehqon aka, ehtiyot boʻling, aravangiz nobop...— boshini chayqab gapirdi Yoʻlchi.
— Bilaman, lekin iloj yoʻq, uka, shaharga borish kerak,— dedi dehqon arava orqasidan.

Yoʻlchi otning jilovini bir bolaga ushlatib, oʻzi bir gubchakka oʻtdi. Ikkinchi tomonda dehqon. Yoʻlchi:
— Oling, dehqon aka!..— kuch bilan itardi-da, otga: «chuh, jonivor!» deb qichqirdi. Orqadan itargan ikki kuchning koʻmagi bilan ot oldinga intildi, tirisha-tirisha aravani koʻprikka olib chiqdi. Lekin shu onda, nimadir, «qars» etdi. Ot toʻxtadi. Yoʻlchi aravaning nimasi shikastlanganini payqamay, hayron boʻlib turar ekan, aravaning tagidan dehqonning ayanchli tovushi eshitildi:
— Oʻqi ketibdi, ish pachava...

Dehqon tuproqqa botib arava ostidan chiqdi. Koʻziga tushgan katta eski qalpoqni koʻtardi, juldur choponning etagi bilan burushiq peshananing terini artdi. Yoʻlchi uning ichiga botgan, chuqur koʻzlarida chorasizlik qaygʻusini, mashaqqat ogʻirligini koʻrdi. Uning oftobda kuyib pishgan, etsiz, yirik yonoqli yuzida koʻz yoshimi, termi, har holda tomchilar yumalanar edi.
— Xafa boʻlmang, aka,— dehqomning yelkasini qoqib yupatdi Yoʻlchi,— falokat emas, arava sinadi, tuzatiladi.
— Ot-arava oʻzimniki boʻlsaydi, jarga qulab ketsa ham mayliydi. Kishiniki, uka. Oʻzimda ulov yoʻq. Qovunim pishib chirib ketdi... Qoʻshnimdan ot-aravani bir kunga tilab olgan edim. Jilla boʻlmasa, bitta chetanda olib tushay-da, sotib, bolalarga kiyimlik olay, deb xayol qilgan edim. Bola-chaqa qipyalangʻoch, uh... Falokat kutib turgan ekan.

Atrofda odam toʻplandi. Ba’zilar achinadi, ba’zilar tomoshabin. Mana, shu guzarning oʻspirin baqqoli ham yetib keldi, och itday alanglab, qovunlarni koʻzdan kechirdi.
— Qani, dehqon aka, savdoni qilaylik, qoʻlni bering... Otingizning dumi ostidan yulduz koʻrinib qolibdi. Arava boʻlsa almisoqdan qolgan, yana sinibdi. Shu ot, shu arava bilan shaharga yuk olib borarmidingiz? Shahar qayda!.. Uylamabsiz-da. Necha pul beray?— baqqol bidirlab, dehqonning qoʻlini ushladi. Es-hushini yoʻqotib, garanglangan dehqon dastlab indamadi. Yosh baqqol vaysayvergandan soʻng bir uh tortib, sekingina dedi:
— Oʻn toʻrt soʻm berasiz...
— E? Oʻn toʻrt soʻm? Tushingizni suvga ayting.
— Shaharda oʻn sakkizga «gʻing» demay oladi. Noilojlikdan deyman-da. Qovunga qarang. Har biri tuyaning kallasiday. Juda saralangan.
— Shaharga bora olmaysiz,— bidirladi baqqol,— qovunni ham koʻrdim. Oʻrtacha. Agar yaxshi boʻlsa, xalq yeb, sizni duo qiladi, men oʻzim yemayman. Keyin, kim biladi, bir palakdan har xil qovun yetishadi. Dehqon boʻlmasak ham, buni fahmlaymiz. Uch soʻlkovoy beraman, xoʻp deng!..
— Saksonta qovunga-ya? Uch soʻm?— dehqon teskari burildi.
— Insof qiling, baqqolaka!—qichqirdi Yoʻlchi. Yana birmuncha odamlar Yoʻlchining soʻzini tasdiqladilar: «Toʻgʻri, insof qiling-da!» Baqqol, bu soʻzlarni eshitmaganday avrayverdi:
— Men sizning foydangizni oʻylayman. Arava kishinikimi? Qovunini tushirib olaman shu yerda. Anov yerda usta Toshpoʻlat bor, bilarsiz. Arava ishida farang! Qovunning puliga aravani tuzattirasiz. Egasi xafa boʻlmaydi. Iloji boʻlsa, yamatganingizni aytmang, koyib-netib yurmasin tagʻin. Tuya koʻrdingmi, yoʻq, vassalom... Ilojsiz qolgan dehqon bahoni sekin kamaytirib, yetti soʻmga tushdi. Boshqa bir raqib ilmasin degan andisha bilan baqqol ham bir tangalab oshaverdi. Soʻz bilan dehqonning boshini qotirib, nihoyat, toʻrt yarim soʻmga koʻnishga majbur qildi...

* * *

Yoʻlchi chopiqqa tushdi. Kunning issigʻida ketmon tashlarkan, fikri xayoli haligi dehqonda boʻldi: «Ajab dunyo ekan! Har yerda dehqonning ishi chatoq. Yeri boʻlsa, ulovi yoʻq. Ulovi boʻlsa, yeri yoʻq. Koʻpida ikkisi ham yoʻq. Mana, men!.. Hozir qayoqqa qarasang, menga oʻxshashlar... Haligi dehqon qovun ekibdi. Qancha mehnat, qancha mashaqqat! Yolgʻiz oʻzi emas, butun uy-ichi bilan ishlagan, albatta. Dastlabki sotish bu xilda boʻlib chiqdi. U molini sotmadi — suvga oqizdi. Yoʻq, suvga oqizgandan battar boʻldi. Loaqal oʻn besh soʻm turadigan qovunni toʻrt yarim soʻmga sotsin, buni ham birovning aravasini tuzatishga toʻlasin. Foydani tulki baqqol urdi. Voy haromi, nrinsof! Men bunday moʻltonini sira koʻrganim yoʻq edi... Endi dehqon, oʻz otasining shahardan qaytishini toʻrt koʻz bilan kutgan bolalari oldiga qanday boradi. Ularga nima deydi? Qip-yalangʻoch bolalar: kiyim qani desa, nimani koʻrsatadi? Toʻy oʻrniga aza!..»

Keyin oʻz ahvoliga, qishloqdagi oilasiga qaygʻurdi: «Men chiqqanimda uy qoq edi. Na bir siqim un, na bir qoshiq moy! Nima bilan tirikchiliq qilishadi? Ukam ishlaydi. Lekin yosh bola xoʻjayinnikida oʻz qornini toʻydirsa bunga ham xursandman... Kuzda togʻamdan pul olib yuboraman-da. Lekin qarindoshlarimiz oʻlgunday pishiq odamlarga oʻxshaydi. Gʻirromlik qilishmasa mayli-ya...»

Chopiqni tugatib, boyning bogʻiga keldi. Tashqaridagi supada bir qancha vaqt choʻzilib yotdi. Yoʻlchining kelganini bilib, Hakimboyvachchaning toʻqqiz-oʻn yashar oʻgʻli Rafiqjon non olib chiqdi. Bir ayol qoʻrgʻon eshigida, betini koʻrsatmay, bir choynak choy uzatdi. Yoʻlchi uni togʻasining qizi ekanini faraz qildi.

U supada choy icharkai, Rafiqjon u bilan soʻzlashib oʻtirdi. Bu bolani, esli deb uyda qoldirib ketgan edilar. U juda zerikib, nima oʻyin oʻynashni, kim bilan oʻynashni bilmas edi. Yoʻlchi uni ovutish uchun toldan bir novda kesib olib kichkina hushtak yasadi-da; «Ma, chal, mirshablarning hushtagidan ham yaxshi boʻldi», dedi. Rafiq puflagan edi, juda qattiq churilladi. Bola benihoya suyundi. Uni koʻproq quvontirish uchun, Yoʻlchi yoʻgʻon qamish topib, ichini tozalab, bir qarichdan moʻlroq qirqib oldi-da, unga noʻxat sigʻadigan bir necha teshiklar yasadi: «Mana bu nay», dedi. Nay ham durustgina chalindi. Lekin Rafiq buni darrov sindirib tashladi.
— Uyda yaxshi nayim bor,— bolalarcha maxsus maqtanchoqlik bilan boshini sarak-sarak qilib gapirdi Rafiq.
— Rostmi? Olib chiq, koʻraman.

Rafiq ichkariga yugurdi, bir zumdan soʻng nayni olib chiqdi. Nay chinakam, chiroyli nay edi Kumushdan ishlangan bezaklarini Yoʻlchi diqqat va zavq bilan uzoq tomosha qildi.
— Dadang sotib olib berdimi? Necha pul turadi, bilasanmi?
— Bir marta allaqancha dutorchilar kelib, kechasi bilan bu yerda chalishdi. Keyin bittasi menga shu nayni berib ketdi. Chalishni bilmayman. Katta dadam: «Chalma, sen naychi boʻlasanmi, yomon koʻraman» deydi.;.
— Ha, men chalib beraymi?— kulib dedi Yoʻlchi.
— Bilasizmi?
— Oz-moz.

Yoʻlchi nayni labiga qoʻyib, butun zavqi bilan chala ketdi. Nay sadosining mayin toʻlqinlari tip-tiniq havoda yoyilarkan, goʻyo hamma yoq jonlangan kabi tuyuldi.

Hayratdan Rafiqning koʻzlari taka-puka edi: «Bu mardikor qanday qilib chaladi!» deb oʻyladi shekilli u.

Yoʻlchi chindan ham nay chalishni bilar edi va yaxshi chalar edi. Yoshlikda poda boqib yurgan chogʻlarida, qamishdan, har xil togʻ yogʻochlaridan nay yasar va poyonsiz dalalarda, qoyalar ostida, suvlar boʻyida chala-chala vaqtini oʻtkazar edi. Ilgari katta naychi boʻlgan, keyin koʻzdan qolib, uyga qamalgan bir koʻknori hamqishlogʻidan ham bir oz ta’lim olgan edi.

Yoʻlchi bir kuyni bitirib: «durustmi?» deganday Rafiqqa kulib qarar ekan, qoʻrgʻon eshigidan qizning ovozi yangradi:
— Rafiq, nayni kim chaldi?
— Yoʻlchi akam...
— A!.. Rostdanmi! Aldama!
— Rost, mana qarang, boshqa hech kim yoʻq-ku.

Qiz bir ozdan soʻng, boshini ikki-uch topqir eshikdan chiqarib, yana yashirinib, allaqanday erka ovoz bilan dedi:
— Ayt, yana chalsin...

Yoʻlchi bir nafas taraddudlanib, boshqa bir kuyni chaldi-da, keyin nayni bolaga berdi.

U boshiga qoʻlini qoʻyib, supaga choʻzildi. Kelgandan buyon har kuni ilk sahardan ishga tushar, kun qorayganda boʻshar, uyquga sira qonmas edi. Bir chimdim uxlash uchun koʻzini yumdi. Faqat, bir nafasdan soʻng yana ochishga majbur boʻldi, uzoqdan qiz qichqirdi:
— Hoy, boqqa suv toshib ketdi, tez kirib boʻgʻib qoʻying!
— Hozir-hozir...— Yoʻlchi irgʻib oʻrnidan turdi va ketmon olib yugurdi. Boqqa tashqaridan kiriladigan eshikchaga yetganda, qizning bolaga xitobini eshitdi: «Rafiq, sen supada oʻtir, oʻtkinchilar yana bir nimani ilib ketmasin!..»

Yoʻlchi bogʻ ichida aylanib, «quloqlar»ni koʻzdan kechirdi, hech yerda suv toshish alomatini koʻrmadi. Hayron boʻlib, alanglab yurganda, ishkom orasi shitirlab, qizning titroq, hayajonli ovozi keldi:
— Ana shaftoli tagiga oqib boryapti-ku.
—- Ha, shumi?— kuldi Yoʻlchi.— Zarari yoʻq, shildirab oqyapti-ku, opa, shu ham toshishmi?

Bogʻdan chiqish uchun bir necha odim yurgach, ishkom ichida poyaga suyanib turgan qizga koʻzi tushdi, uyalganidan bir zumda qizarib-boʻzarib ketdi, ketmoniga tikilib qadamini tezlatdi.
— Yoʻlchiboy aka, qaerga qochasie, zerikmadingizmi yolgʻiz?

Yoʻlchining yuragi qattiq urib, quloqlari jarangladi, taraddud ichida toʻxtadi, lekin orqasiga qaramadi.
— Mana bu uzumni oling, juda yaxshi pishibdi, qoʻlimni qaytarmang!—dedi-da, yigitlarning koʻnglini larzaga soladigan shoʻx, karashmali kulgi bilan kuldi.

Yoʻlchi bu soʻzlarni eshitdi-da, oʻz quloqlariga ishonmadi, koʻz oldi qorayib, qoʻrqa-pisa atrofga alangladi va kuchli taraddud ichida oʻylab qoldi: «Yopiray, bu qanday qiz ekan! Uyat-hayo qani? Bu chindan togʻamning qizimikan, yo boshqa bir... tavba!» Nihoyat, ichki bir turtki, anglashilmas bir kuchning sehrli ta’siri ostida, gʻayri shuuriy ravishda orqaga — qiz tomonga qayrildi. U oyoqlarida mador qolmagan kabi, kalovlanib oʻzidan yigirma qadamcha narida, ishkom boshida turgan qizning yoniga keldi va uning qoʻlidan bir katta bosh qora uzumni oldi. Qizarib-boʻzarsa ham, tezroq qochmoq istasa ham, nimadir uni ushlab qoldi. U, nima deyishni bilmay dam uzumga, dam uyalibgina qizga qaradi. Qiz oʻn yetti-oʻn sakkizga kirgan, oʻrta boʻyli, bir qadar keng va qoramtir yuzli, koʻkrakdor, toʻlagina, loʻppigina qiz edi, burni bir oz beoʻxshovroq esa-da, lekin uning umuman yuz bichimi kelishgan edi. Bodom qovoqlari ostidagi kichik qora koʻzlari, qandaydir noz va ehtiros bilan yonadi. Yoʻgʻon tim qora ikki soch oʻrimi, uning egnidagi oppoq shohi koʻylak ustidan balqib turgan koʻkrak orqali pastga, kindikka qadar tushib turadi. Koʻylak yengi tirsakka qadar shimarilgan, tiqmachoqday bilaklarida ilon boshli oltin bilaguzuklar yonadi. Qalin tok barglari orasidan siljigan quyosh nurlari uning yuzida, sochlarida tovlanib oʻynaydi.

Yoʻlchi uzumdan bir necha donani ogʻziga tashladi, peshanasida moʻl-moʻl oqqan terni yeng uchi bilan, dehqonchasiga artib, yerga qaradi.

Ishkom poyasiga suyanib, yigitdan koʻz uzmagan qiz, unga dalda berish uchun gapira boshladi. Qishloqdagi «amma»sining hol-ahvolini, tirikchilikni va bu yerdagi ish ham odamlar Yoʻlchiga yoqdimi, yoʻqmi— shuning singarilarni soʻradi. Yoʻlchi, goh-goh koʻzlarini yerdan uzib, qisqa-qisqa javob berib.turdi. Qizning tovushidan, nafas olishidan, koʻkrak titrashidan, uning ehtiros va sirli hayajonda ekanini bildi va: «Juda shoʻx qiz ekan», deb oʻyladi. Soʻng uni birdan qoʻrquv bosdi: goʻyo, allaqanday yashirin koʻzlar tevarakdan ularni poylab turganday sezildi.

Bu sodda, samimiy, nomusli qishloqi qizning soʻzlarini oxirigacha eshitishga bardosh qilmay, tezroq qochishga intilarkan, qiz uning qoʻllarini ohistagina ushladi...
— Qoʻying opajon, ishim bor, ham yaxshi emas...— ayni zamonda ham qaltirab, ham yonib dedi Yoʻlchi...

Ikkinchi bob

I

Mirzakarimboyning qizi Nurinisoning tabiatida yengillik bilan makr ustun edi. Uni sinamagan ba’zi ayollar, yengilligini koʻrib: «Bir qop yongʻoqday shaldir-shuldur, quvnoq qiz ekan» desalar-da, lekin Nurinisoni yaqindan taniganlar u bilan har vaqt juda ehtiyot boʻlib muomala qilar edilar. Otasining davlati, katta ogʻiz, hovliqma va takabbur onasining erkalashi qoʻshilib, qizga ortiqcha gʻurur bergan, harakatlariga oʻzboshimchalik, qiliqlariga noz-karashma bagʻishlagan edi. Ota va akalarining huzurida jilla oshib-toshmasa ham, ular yoʻq vaqtda qiz oʻzini «uy boshi» hisoblar, har bir ishda oʻz ra’yini oʻtkazishga astoydil urinar, oʻjarlik bilan qorani oq deb isbot qilishga tirishar edi. Uning qahqahasi bir lahzada arazga aylanar, qanday boʻlmasin bir bahona topib, kelinoyilari va hatto onasi bilan ham tez-tez aytishib olar edi.

Nuri kiyinishni, bezakni sevar edi. Zirak, bilaguzuk, zarqokil, qoʻltiqtumor, tillaqosh zebigardon kabi zargarlar toʻqib chiqargan oltin, kumush bezaklarga goyat oʻch edi, bunday qimmatbaho buyumlardan quti-quti yiqqan... Har hayit uch kungina yasanib-tusanib, ogʻirligi taxminan bir pudga yetadigan haligi bezaklarini taqib, uncha-muncha boy oila qizlarini taajjublantirar, kambagʻal, hatto oʻrta hol oila qizlarini oyoq uchi bilan koʻrsatib, tomosha qilar, «kelin koʻrish»ga yurar edi.

Qizini yer-koʻkka ishonmagan, uning butun nuqsonlarini bir maziyat bilgan onasi Lutfiniso erining davlatidan mumkin qadar koʻproq qoʻporib, shu kenja arzandasiga sarf qilish uchun urinar, bu qizni katta shavkat va dabdaba bilan uzatishni orzu qilar edi. Shuning uchun koʻp yillardan buyon uning yagona mashaqqati — qizga bezak mollari tayyorlash, yangi nusxalar toptirish, chevarlarga tiktirish va hokazodan iborat, qoʻsha-qoʻsha palak, qoʻsha-qoʻsha paranji, uch-toʻrt uyni yasatishga yetadigan dorpechlar, gulkoʻrpalar, choyshablar, elliklab qoziqlungi, yuzlab sanama roʻmollar sandiqlarni toʻldirgan boʻlsa ham, bu narsa Lutfiniso va uning qizini hali qanoatlantirgan emasdi.

Nurinisoning es-hushi erga tegish... U ikki, balki uch yildan buyon oʻz toʻyini kutar edi. Bu toʻgʻrida ichkarida xotinlar orasida, koʻpdan buyon gap-soʻz qaynaydi, goʻyo erta-indin toʻy-nikoh boʻladiganday. Kelinoylari deyarli har kuni unga xushxabar topshirishadi: «Otaboy oʻrtaga kishi qoʻydiribdi: kichik oʻgʻliga sizni soʻratibdi»; yoki «Musabeklarnikidan yaqinda sovchi kelarmish. Salim akangiz gapirdi, yigit juda chiroyli emish...» Nuri bunday gaplarni beparvolik bilan eshitishga urinib boqardi: «Ayajonimning bagʻrida oʻtiribman-da, shoshmasalar ham boʻlar edi». Lekin ichida sevinchdan yuragi qoq yorilayozar, quloqlari karnay-surnay ovozlarini, «tortishmachoq» hangamalarini eshitganday boʻlar, ortiq sabr-qarori qolmas, kechalari uzoq oʻylab shirin xayol qanotlarida uchar, sirli kechinmalarga shoʻngʻir edi. Faqat, kelinoyilarining xabari bir necha kun ichida birdan yoʻqqa chiqardi, ular endi boshqa bir boyvachcha goʻgʻrisida shivir-shivir gaplasha boshlashardi...

Mirzakarimboy qizini sevsa-da, «musulmon ota» va «ulugʻvor erkak» boʻlgani uchun, u bilan koʻp gaplashmas, «bolam-boʻtam» deb ba’zi yumushlarni buyurar edi, xolos. Qizni ulgʻaytirmasdan, oʻn uch, oʻn toʻrtda erga berish — har bir musulmon ota uchun «farz» ekanini yaxshi bilar, qizining yoshi oʻn sakkizga yetib qolganidan ba’zi vaqt koʻngli xira boʻlar edi. Lekin birinchi kuyovning fe’l-atvori unga ma’qul tushmagani uchun, kuyov boʻlajak yigitni har yoqlama tekshirishni, sinashni istar edi: yigit boy va obroʻli oiladan boʻlishi bilan baravar, aql ham nazokat sohibi boʻlsin!.. Uncha-muncha boyvachchalarni chol nazar-pisand qilmaydi. Ba’zan yigit unga yoqsa, oʻgʻillariga ma’qul tushmaydi. Oʻgʻillariga yoqqan kuyovdan yo uning oilasidan Mirzakarimboyning oʻzi biron qusur topadi.

Akalarining mehmonlariga, bogʻ va shahar hovlisiga qatnab yuruvchi doʻstlariga va umuman yigitlarga, sharoitga koʻra, goh eshik tirqishidan, goh devor orqali, goh daraxtlar orasidan moʻralashni sevgan Nuriniso, Yoʻlchi bu yerda ishlarkan, uni ham uzoq-yaqindan koʻp marta koʻrishga muvaffaq boʻlgan, u qomati kelishgan yosh yigitga oʻz yuragida kuchli bir intilish sezgan edi. Keyin bir necha kun oʻylab Yoʻlchi bilan maxfiy uchrashuvga qaror qildi. Bu orzu kundan-kun kuchaysa ham, oʻngʻay fursatni kutdi. Nihoyat, uyda yolgʻiz qolgan kun oʻz orzusini juda ustalik bilan amalga oshirdi.

Nuriniso bogʻda, ishkom ichida Yoʻlchi bilan uchrashib, uning kuchli qoʻllariga bir zum oʻzini tashlab, quchoqlash, oʻpishga uyatchan, sodda yigitni majbur etgach, bundan soʻng uning xayoli kambagʻal, unutilgan qishloqi ammaning oʻgʻliga bogʻlandi. Lekik uchrashuvni takrorlash mumkin boʻlmadi. Chunki ertasiga Yoʻlchi katta yerga joʻnadi. Mana hozir ikki haftadan buyon Nuri xafa, Yoʻlchining yaqin oʻrtada qaytishiga ishonmaydi. Katta yerga borish u uchun mumkin emas. U ba’zan onasiga deydi: «Oyi, ammam boyoqishning oʻgʻlini dadam musofirlar, mardikorlar orasiga qoʻshib qoʻydi. Dadamda sira insof yoʻq-da. Oʻz urugʻini shu yerda ishlatsa ham boʻlardi. Nima koʻp — ish koʻp ..» Qizining ichki maqsadidan bexabar ona loqayd javob beradi: «Ixtiyor mendami? Oʻz urugʻi, qaerda ishlatsa dadang oʻzi biladi bolam», yoki «Unaqa bemaza urugʻlarning uzoqda turgani tuzuk. Uning nimasi ortiqcha? Ishlagani kelgan ekan, ishlasin...»

Yoʻlchi dalaga — katta yerga kelgan kundan boshlab, bundagi qarollar, mardikorlar bilan opoq-chopoq boʻlib ketdi. U muloyim tabiati, soddaligi, oz boʻlsa ham, mazali, ma’nili gapi, kuch-quvvati bilan odamlarga yoqdi. Yormat esa Yoʻlchini oʻz qoʻltigʻiga olib, boshqalarga qarshi qoʻyishni istar edi. Chunki bu yerda qarol va mardikorlar u bilan yaxshi chiqisha olmas edilar. Yormat ular bilan birga yashab, birga oshab, birga ishlasa-da, ularga toʻng muomala qilib, oʻzini xoʻjayinning sodiq vakili sifatida koʻrsatganidan, hammaga yot koʻrinar edi. Ular Yormatning koʻz oldida unga qarshi bir nima demasalar ham, orqavoratdan uni masxaralashar, hatto soʻkishar edi: «Xoʻjayinning laychasi-ku, burnini bir qarish koʻtarganiga hayronmiz...»

Yoʻlchi chakki odamlarni topmadi. Yormatning haqsiz yekaniga ishonchi kundan-kun ortdi.

Yormat bu yerda doimiy yashamas edi. Uch-toʻrt kun ishlab, joʻnab ketar, yana tez qaytib kelar edi. U oziq-ovqat bilan baravar, xoʻjayindan har xil buyruqlarni keltirar edi. Buyruqlarning koʻpini xizmatkorlar Yormatning oʻzi toʻqiganiga ishonardilar.

Yoʻlchi oʻz hamqurlari bilan birga tong shabadasida ishga tushar, quyosh tik kelganda ovqatlanib, to qorongʻilik tushguncha yana mehnat qilar edi. Ba’zi vaqtda sugʻorish paytlarida, kechalari ham tinimi boʻlmas, suvni uzoqdan haydab kelishga toʻgʻri kelar edi. Yoʻlchi ba’zan yolgʻiz, ba’zan oʻz yoniga birovni hamroh qilib qancha jar, qancha toʻgʻon va quloqlarni kezib, suv keltirar edi.

Suv tinchlik bilan kelmaydi. Suv oʻz yoʻlida bir necha yerda shovqin-suron, ur-sur koʻtaradi. Suv tepasida odamlar oʻt boʻlib yonadi, boshqa vaqtlarda eng sokin, eng halim odamlar, suv boshida janjal chiqsa, soʻz va dalil oʻrniga musht bilan, ketmon koʻtarish bilan ish koʻrishga tirishadilar. Lekin Yoʻlchi suv janjalini juda yomon koʻrar edi. Miroblar bilan ogʻiz-burun oʻpishgan katta yerlilar, boy dehqonlar zoʻravonligidan, ekini qurib qaqragan kambagʻal dehqonlarga doʻq qilib, gʻalva koʻtarishdan nafratlanar edi. Bir kun u suvni kambagʻal dehqonga berib, oʻzi keyinroq olmoqchi boʻlib qaytganda, Yormat uni odamlar oldida boʻsh-bayovlikda aybladi.
— Yigit serzarda boʻlishi, yiqilsa yer tishlab turishi kerak. Bu nima, ogʻizdagi oshni birovga oldirish? Boʻyraday joyga sholgʻom ekkan odamga ham suvmi!.. Eh-he, paxtamizga qancha pul sarf boʻldi, buni tushunish kerak...

Yoʻlchi pinagini buzmay, odatda gapirganday, dedi:
— Hechqisi yoʻq, bechora odam ekan, duosini olay dedim. Ikki haftadan beri suv ololmay xunob ekan.
— Balli,— qovogʻini solib dedi Yormat,— oltin olma, duo ol, degan qadimgilarning soʻzi bor. Lekin duo olaman deb xoʻjayinga zarar yetkazish yaramaydi.
— Bir ozdan keyin sugʻorsak, nima zarar boʻladi?— Yoʻlchi oʻqrayib qaradi Yormatga,— hech bir!.. Bir bechoraning ekini qovjirasa durustmi? Balki u odam butun bola-chaqasi bilan ekiniga koʻz tikib yotgandir, ekini bitmasa, och qolar, yalangʻoch qolar... Biz suvga serobmiz, dehqon chanqoq, juda chanqoq.
— Suv hozirgi kunda tanqis, harna oldinroq kelgani yaxshi. Boy otam yerga koʻp pul toʻkdi-ya.

Yoʻlchi indamasdan teskari burilib oʻtirdi. Faqat, bunda mardikor ishlovchi qashqarlik Alioxun chiday olmadi shekilli, ogʻziga yangi solgan nosvoyini tuplab, soʻlagini siyrak soqollaridan choʻziltirib, tajang gapirdi:
— Sizni egam soʻzga pichib qoʻygan ekan-da. Suv xudoyimning mulkimi? Xaloyiq tekis ichadi. Men bilsam, boyning paxtasi suvni ortiq ichib turibdi.
— Oʻlma, Alioxun, soʻzingda bitta xato boʻlsa, Oppoqxoʻjam ursin!— deb qichqirdi bir mardikor.

Oʻjar Yormat taslim boʻlishni istamadi, mingʻillayverdi. Shu vaqtgacha boshini egib, xomush oʻtirgan qarol Shoqosim qaddini rostladi va oʻshshayib, titrab gapirdi:
— Bizdan Mirzakarimboy hech vaqt zarar koʻrgani yoʻq. Paxta yildan-yilga moʻl boʻlib, foydasi ham oshib turibdi. Boʻlmasa, paxtani bunchalik kengaytirmas edi xoʻjayin. Mana, Hakimboyvachchaning ovozasi olamni tutadi, nimadan? Insof bilan gapirganda, Yormat aka, bizga oʻxshash xizmatkorlarning shoʻri quridi. Oʻzingiz bilasiz, toʻrt yildan beri bu yerda ishlayman, tinim yoʻq, ishdan boshim chiqmaydi. Lekin hali ham bir choponim ikki boʻlmadi. Hali ham qish-yoz bitta choriqni sudrayman. Mana, xotinim yotib qoldi, yostiqdan boshini uzishga darmoni yoʻq. Kissamda sariq chaqa yoʻqki, bechoraning ogʻziga yoqar ovqat bersam... Durust, xoʻjayin beradi, lekin qarzga... Qarzga yoʻliqqandan koʻra, baloyi nogahonga yoʻliqqan yaxshi. Hammasini sinadik. Xotinimni ham kambagʻallik yiqitdi, bu yerdagi ogʻir ish nobud qildi. Bu tomonlarga andak fikr yurgizib, keyin gapiring, Yormat aka.

Hamma bir nafas jim qoldi. Hamma oʻz yarasining yorilganini sezganday boʻldi. Shoqosim oʻrnidan turdi, etigining changini qoqib, ketmonni yelkaga olib, oʻz chaylasi tomon asta joʻnadi. Yormat ham uning soʻzidan ta’sirlangan kabi, orqasidan gʻamgin tikilib qaradi-da, dedi:
— Har holda figʻon-nola yaxshi emas, har banda qudrat qalami bilan yozilganni koʻradi. Dunyo oʻzi shunday yaratilgan. Yoʻlchi, chirogʻim, suvni tezlating!

II

Yoziing kuchi ketib, havo bir oz salqinlangan boʻlsa ham, shamolsiz kunlarda quyosh tik kelgach, hali ham kishining boshidan olov quygan kabi kuydirar edi. Manglayini roʻmolcha bilan bogʻlab, yalangʻoch holda ketmon urayotgan Yoʻlchi bilan yonma-yon ishlovchi Alioxun keng, qahva rang yuzidan terlarini artib, harsillab:
— Qorinda hech nima qolmadi. Yoʻlchi polvon, xotin taloq Yormating bizni oʻldirmoqchi shekilli. Pirimning haqqi, shu keldi-yu, oshdan, nondan baraka ketdi,—dedi.
— Picha vaqt bor hali, Oxun.
— Yoʻq, vaqt oʻtdi, qornimning oʻzi yaxshi soat, toʻgʻri koʻrsatib turibdi.

Ular yana yarim soat ishlab, ketmonlarini yelkaga solib paxtazordan qaytishdi. Boy yerining yuqorisida, balandgina bir parcha sahn xizmatkor va mardikorlarning qoʻshxonasi edi. Bu joydan boyning butun paxta dalasi koʻzga tashlanib turardi. Besh tup katta jiyda daraxti bu yerga har vaqt qalin soya tashlar, ishdan horib-tolib kelganlarga oʻz salqini, shabadasi bilan birpasgina orom bagʻishlardi.

Alioxun ham koʻrpasi, ham choponi boʻlgan juldurni jiyda butoqlari orasidan olib, pichan ustiga soldi va oyoqlarini keng yoyib, qoʻlini yostiq qilib choʻzildi. Bir necha minutdan soʻng turib, kir, moy bosgan qatirma doʻppisi ichidan toʻgʻnalgan ignani oldi, qaerdandir ip topib, eski seryamoq koʻylagining yirtigʻini tikishga oʻtirdi. Yoʻlchi uning yoniga choʻqqayib, «chevar»ning ishini tomosha qila boshladi. Yoshgina qirgʻiz yigit Oʻroz va boshqa mardikorlar ham kelishdi. Har qaysisi har tarafda choʻzildi. Ba’zilari soʻzlashga ham madorsiz kabi jimgina mudradi. Oʻroz har kungi odati boʻyicha, jiydaga suyanib, oʻzi yasagan kichkina doʻmbirasini chala ketdi. Yoʻlchi hammadan koʻra bu qirgʻizni koʻproq sevardi, uning doʻmbirasini zavq bilan tinglar, aksar kechalari u bilan suhbatlashar edi.

Bundan sakkiz yil avval, u oʻn yetti yashar oʻspirin ekan, «Qarqara»ga qatnovchi bir qoʻychi boy, yiliga sakkiz soʻmdan yollab, Toshkentga keltirgan. Boynikida uch yil ishlagan, lekin butun mahrumiyatlarga koʻniksa ham, tayoqqa chiday olmagan. Oʻz yurtiga qaytishga bir yil qolganda, xoʻjayini bilan achchiqlashib, boshqa bir yer egasiga qarol yollangan. Yangi xoʻjayinda ham ikki yil ishlab, ajralishga majbur boʻlgan. Soʻng yana bir necha boylarda sargardon kezgan. Yurtiga qaytishga imkon topa olmagach, nihoyat, oʻtgan yil Mirzakarimboyga qarol boʻlib yollangan, ust-boshi kir, uvada boʻlishiga qaramay, chiroyli, xush-fe’l, yoqimtoy yigit edi. Qovoqlari va bir qadar yirik yuz yonoqlarining farqiga bormagan odam, uni aslo qirgʻiz demas, «sartcha»ni juda yaxshi gapirar edi.

U Alioxunga tegajaklik qilishni yaxshi koʻrgani uchun, doʻmbirasini chertib-chertib, gap otadi:
— Alioxun, hammamizga bir kampir kerak edi, yaxshi boʻlibdi, oʻz ichimizdan chiqdi. Cholvorimni yamab berasiz-da!

Ketmon tutishga odatlangan dagʻal qoʻllar, igna ushlashga, qatim tortishga kelishmaganidan diqqati oshgan Oxun bir koʻzini qisib, tikishda davom etarkan, tovushi shangʻillaydi.
— Sen hali goʻdaksan, ochib yuraver... Musofirchilik qursin, jonga tegdi. Tikmasam koʻylakdan ajralaman... Kambagʻallik kishini yurtdan yurtga sudraydi. Besh-oʻn qogʻozni belimga tugib, ust-boshimni but qilib, yurtimga oʻynab ketay degandim, niyatga yetolmay turibman. Gʻariblik qursin, oʻz shahrimda igna ushlamagandim. Hech vaqt, azbaroyi xudo. Qizil gulday xotinim qoldi... Voh, voh, peshanam. Qizil gulday...— Oxun peshanasiga shartta urib davom etdi.— Yodimga tushsa, jigarim xun boʻladi.., Oʻrozboy, shamol seni sahrodan uchirgan, unda nimang qoldi?
— Xotin chindan bormi, yo anchayin hangamami?— kulib dedi Oʻroz.

Oxun: «Nahotki, yolgon soʻzlasam!» deganday labini burib, oʻrtoqlarcha oʻqrayib qaradi Oʻrozga:
— Aytdim-ku, xumso, qizil gulday. Qashqirning qizi, juvoni olmaday boʻladi. Sen sahro bolaga soʻzni uqtirish ham qiyin...
— Mingta qal'adan dalam yaxshi, Oxun. Bizning qizlarimiz ham juda shoʻx boʻladi. Soʻz bilan, noz bilan, hangama bilan yigitlarning koʻkragiga oʻt soladi qirgʻiz qizlari. Men dalada har kun qizlar, kelinchaklar orasida yurardim, Yosh boʻlsam ham, sevgannm bor edi. Juda suluv qiz, oʻlanchi qiz. Endi erga tegib, oldi-keti bolalar bilan toʻlgandir. Ovuldan chiqar kun kechasi dalaga chiqib, ikkovimiz talay vaqtgacha quchoqlashib oʻtirdik. U yigʻladi, men yigʻladim. Qolishga chora yoʻq. Otam meni boyga sotib, aqchani olgan, ularga ovqat, kiyim kerak... Joʻnaymiz, Oxun, sen Qashqarga, men «Qarqara»ga...
— Yoʻl yoʻq devona, piyoda joʻnaysanmi?
— Hamma gap pulda ekan, Oxun,— toshkentlik bir indamas mardikor soʻzga aralashdi,— men oʻttiz qironning yurtini koʻrmadim, lekin oqpodshohning oʻttiz shahrini kezdim. Bir vaqtlar sayoq yigitlarga qoʻshilib qolgandim-da. Sayoq uchun ikki dunyo bir qadam. Shohmashrab ham shunday ekanlar: kechqurun bir shahardan chiqsalar, ertalab boshqa bir shaharning darvozasidan kirar ekanlar.
— U kishi avliyo-da,— shaqillab qaynagan katta qora qumgʻonni keltirgan Yormat uning soʻzini kesdi,— Shohmashrab yoʻlga chiqsalar, xudoning qudrati bilan yerning tanobi tortilib, yoʻl qisqarar ekan.
— Nega men uchun yerning tanobini tortib, yoʻlni qisqartirmaydi!— Oʻroz qichqirdi.
— Bu zamonda puldorlar uchun yerning tanobi tortilgan,— soʻzini davom ettirdi haligi mardikor.— Koʻp joyni koʻrdim. Puldorga sahroyam bamisoli jannat. Senlar yurtlaringni maqtaysanlar, yurtlaringda toʻq boʻlsalaring, bu yerga kelarmidinglar? Rostmi? Mana men toshkentlikman. Bundan nima foyda? Pulim boʻlsa, har qaerda gashtimni qilaman. Oʻttiz toʻrtga kirdim, hali uylanganim yoʻq. Paranji koʻrsam, esim ogʻadi. Kampir enam qiz qidira-qidira tinkasi quridi. Qaysi eshikka bosh tiqsa, soʻrasharmish: savdogarmi, bogʻi bormi, uy-joyi bormi? Mardikorni, xizmatkorni, kosibni odam oʻrnida koʻrishmaydi bu zamonda...
— Ahli savdogar yurtning guli boʻldi, uka!—dedi Yormat.
— Bizlar yurtning tikanimi?—dedi Yoʻlchi.
— Qani, choy ichaylik, ish qolmasin, kechqurun gaplashaverasanlar, ogʻiz, quloq senlarniki...— qopdan yasalgan bir dasturxonni Yormat oʻrtaga yozdi. Alioxun oʻrnidan turib keng, sertuk koʻkragini qavartirib, kerishdi, barmoqlarini qisirlatdi va jimjit mudragan uzoqliklarga koʻzini tikib, yangroq ovozini baland qoʻyib birdan kuylab yubordi.

Men safarga chiqqanda

Yer eshigida qolgan.

«Qachon kelasan, yor?» dap

Qora koʻzga yosh olgan.

Kunda koʻrmadim yorni,

Kunida koʻrarman dap.

Umid uzmadim yordin,

Oʻlmasam suyarman dap...

Odamlar jonlandi. Ba’zilari chindan, ba’zilari esa hazil-mutoyiba bilan Oxunning tovushini maqtashdi.

Sodda va samimiy hangoma bilan choy ichilar ekan, daraxtlar orqasidan hoʻngrab yigʻlagan tovush eshitildi. Oʻtirganlar hayrat bilan u tomonga boqishdi. Yigʻidan koʻzlari, qovoqlari qizarib shishgan Shoqosim yetib keldi.
— Vafot qildi, jonkashim, dardkashim. Hozir qoʻlimda jon berdi. Holimga voy!

Hammaning halqumini iztirob boʻgʻdi, ogʻzidagi nonni yutishni ham, tashlashni ham bilishmay qoldi. Bir minut qadar choʻzilgan sukunatdan soʻng Yoʻlchi, Alioxun va boshqalar Shoqosimga ta’ziya bildirib, uni yupatishga tirishdilar.
— Ota-onasiga xabar bering tezroq,— maslahat berdi Yoʻlchi.
— Bechoraning hech kimi yoʻq, yetim qiz edi. Ikki gʻarib bir yoqadan bosh chiqargan edik.— Yana qattiqroq yigʻlab yubordi Shoqosim va yigʻi aralash Yormatga yalindi: — Endi xoʻjayindan bir oz pul qarz keltirib bering. Bu kun shomgacha oʻz makoniga eltib qoʻyaylik. Chaylada, yosh bolaning oldida jasadni saqlash qiyin.
— Kun issiq, ertaga qoldirib boʻlmaydi...— dedi Oʻroz. Yormat katta mushkulot qarshisida qolgan odam kabi, boshini tebratib bir tutam soqolini yula boshladi.
— Xoʻjayinlar shaharda,— dedi u odamlarga qarab,— shahar borib kelgunimcha — kun tamom. Bugun koʻmishga ulgura olmasmiz...
— Xoʻjayinning ayollarida pul topilib qolar,— dedi Yoʻlchi kuyunib,— yo siz, yo man gʻizillab borsak...
— Ularda pul boʻladi, bilaman. Lekin ayollarning fe’li tor. Kafanlikka doka berishsa ham katta gap,— dedi mingʻirlab Yormat.
— Bir bechora oshnamizni qarzga botiraveramizmi?— boʻgʻilib qichqirdi Oxun va odamlarni bir-bir koʻzdan kechirib davom etdi. — Oʻlikni koʻmib kelish qiyin emas, lekin yoʻgʻon chiqimlari keyin keladi, bilasanlar. Hali Shoqosim koʻp qarz soʻraydi. Hozir unga besh-olti soʻm kifoya: goʻrkovga ikki soʻlkavoy, domla imomga ikki qogʻoz, yugʻuvchiga bir soʻm. Ish tamom.
— Osh-suv qilmasam boʻlmaydi, Oxun aka!—dedi Shoqosim,— shoʻrlik xotin dunyoda nima koʻrdi. Jilla boʻlmasa oʻligini odamday koʻmay, arvohi quvonsin!
— Keyin qilasan!— Oxun odamlarga orqasini oʻgirdi. Juldur choponini timirskilab, u yoq-bu yogʻini agʻdarib, uch soʻmlik shaldiroq qogʻoz olib oʻrtaga tashladi va oʻrnidan turib qayoqqadir ketdi.

Oxunning shafqatiga hamma chuqur sezgi bilan qaradi, bu his ularning koʻzlarida, yuzlarida ravshan mavjlandi. Qirgʻiz Oʻroz belbogʻiga mahkam chandib tugilgan bittagina soʻlkavoyni (kim biladi, buni qachonlardan beri saqlab kelgan u) chiqarib, sekingina tashladi.
— Hammaga pul kerak, oʻlik ham pul bilan yuradi,— dedi toshkentlik mardikor va ishtonining lipasiga qistirilgan bir boʻz xaltachani — hamyonni olib, tanga, chaqa aralash bir soʻmni sanab toʻkdi.

Yoʻlchi shu chogʻda qancha aqchasi boʻlsa ham berishga tayyor edi, lekin yonida bir siyqa tiyini yoʻq edi. Pul bergan oʻrtoqlarini quchoqlab oʻpgisi keldi, ular shu topda dunyoda eng himmatli, eng qadrdon, eng mehribon odamlar boʻlib tuyuldi. Koʻzlariga quyulib kela boshlagan tomchilarni yashirish uchun boshini quyi soldi.

Yormat oʻrtadan pulni yigʻib olib, kaftida qisdi:
— Qolgan xizmat bizdan boʻlsin, darrov ashqol-dashqolni tayyorlayman. Choyni ichib, sizlar ishga tushinglar. Joʻna, Shoqosim, chaylangga! Hozir atrofdan ayollarni topib olib boraman. Ularsiz ish bitmaydi.
— Yaxshiliklaringni ikki dunyoda unutmayman sira! Azalaringga emas, toʻylaringga yordam qilay!— Shoqosim oʻz chaylasiga yugurdi.

Kechki ovqat oldida, nim qorongʻilikda, qarol va mardikorlar tiz choʻkib, qoʻllarini qovushtirib oʻtirishdi, ularning boshlari egilgan edi. Yoʻlchi yoshlikda onasidan oʻrgangan qisqa bir surani oʻz bilganicha qiroat bilan oʻqidi. Hamma qoʻl ochib marhumaning ruhiga bagʻishladi. Ovqat ustida hech kim ortiqcha soʻz soʻzlamadi. Faqat kimdir, shunday dedi:
— Pokiza ayol ekan. Goʻri naq saroyday keng-katta ochilibdi...

III

Quyosh botganiga anchagina boʻlgan. Qorongʻilik quyuqlasha borar, koʻkdagi yulduzlar chamani ham borgan sayin yorqinroq chaqnar, havo badanga sezilarli sovir edi.

Dalada ishning tigʻiz vaqti oʻtgani uchun mardikorlarga bundan bir necha kun ilgari javob berilgan, paxta terimiga qadar qilinajak ishlar Yoʻlchi, Oʻroz ham Shoqosimga yuklatilgan edi.

Yoʻlchi jiydaning ostiga pichanni qalinroq yoyib, ustiga choponini qiya tashlab yotdi. Oʻroz daraxtga suyanib doʻmbirasini chertar edi. Kechaning jimjitligida doʻmbira mungli, yigʻlagansimon jaranglar edi.

Qani bir nay boʻlsa, Yoʻlchi ham chalsa-da, butun koʻngil qaygʻularini, oila oʻchogʻidan ayrilgan gʻarib, tanho ruhning toʻlqinlarini kechaning sukut toʻla ogʻushiga quysa...

Nay toʻgʻrisida oʻylar ekan, togʻasining qizi Nuriniso va u kungi uchrashuv yodiga tushdi. Voqea butun tafsilotn bilan uning xayolida jonlanarkan, yigitlikning shoʻx havaslari yurakda bir lahza chayqalib ketdi, u iljayib qoʻydi. Lekin shu vaqtgacha biron marta uni eslamagan edi. U kun Nurinisoning hiylasiga ilinib, shohi koʻylak ichida balqigan yumshoq, qizgʻin badanni oʻz quchogʻiga bir lahza, olishga majbur boʻlib, soʻng qocharkan, uni bir necha soat qoʻrquv va sirli, shirin hayajon quchsa ham, keyin tezda koʻngli sovigan edi: «Bu hiylakor qiz, juda quv qiz. Meni sevmaydi yurakdan. U yolgʻiz ersirab qolgan. Unga oʻyin kerak. «Teng — tengi bilan, tezak — qopi bilan». Mirzakarimboyning qizi bilan mening oshiq-ma’shuqligim ertakka ham sigʻmaydi...» deb oʻylagan edi Yoʻlchi. Ammo uning qalbi goh-goh boshqa bir qiz yodi bilan toʻlib-toshar edi. U, Yoʻlchi quyoshning olov selida choʻmilib, toʻnka kavlar ekan, uchragan kambagʻal qiz, uzoqdan unga qayrilib boqib, sof, sodda, samimiy tabassum baxsh etgan goʻzal qiz!..

Yoʻlchi hozir Nuriniso bilan boʻlgan uchrashuvni eslarkan, yuragi, xayoli, oʻyi yana oʻsha begona qizga bogʻlandi. Bir zum qarash bilan yurakka naqshlangan uning chehrasini yana koʻz oldida jonlantirishga tirishdi va: «Kimning qizi u? Yana koʻrarmikanman?» deb oʻz-oʻzidan soʻradi.
— Shoqosim nashani urdi, hidini qara, butun dalani tutdi-ya, bay-bay... puhu...— doʻmbirani toʻxtatib gapirdi Oʻroz.

Salqin shamol past tomondan, Shoqosimning chaylasi tomondan, nashaning chuchmal, qoʻlansa hidini keltirar edi. Yoʻlchi Oʻroz tomonga bir agʻdarilib soʻradi:
— Ilgariyam chekarmidi? Nega chekadi?
— Nega emish! Ahvoli tang. Kambagʻalchilik.... Yana buning ustiga xotindan ayrildi...
— Chakki qiladi Shoqosim aka. Nasha bir kuni uni rasvo etadi.
— Yoʻlchi, mana erta-indin qish keladi, toʻrt yashar oʻgʻilchasi bilan nima qiladi u?
— Nasha ahvolini oʻnglaydimi! Qiyinchilikdan qoʻrqish kerak emas, dadil boʻlish kerak. Toʻgʻri yoʻl — shu.

Ikkisi ham jim boʻldi. Qorongʻilik orasidan bir otliq kelib chiqdi.
— Shundamisizlar? Ish qalay?— Yormatning tovushi yangradi.

Otni daraxtga bogʻlab Yormat kelib oʻtirdi. Atrofdan bironta tarvuz topib keltirish uchun Oʻrozga yalindi. Keyin Yoʻlchiga yangi xabarni, toʻgʻrisi, xoʻjayinning yangi buyrugʻini bildirdi:
— Tantiboyvachchanikiga boramiz ertaga. U kishi xoʻjaninning kuyovi boʻladi. Juda xoʻroz odam. Koʻrsangiz oʻzingiz ham hayron qolasiz. Asli oti Mir Ishoqboyvachcha, lekin Tantiboyvachcha deb ot olgan. Sizni u yerga eltaman-da, oʻzim qaytaman.
— Hamisha oʻsha yerda qolamanmi?— ikkilanib soʻradi Yoʻlchi.
— Yoʻgʻ-e... hasharga borasiz, bir qancha kun. Yeri ham yaqin, bizdan bir oz pastroqda. Boy otaning buyrugʻi, uka.

Yoʻlchi «ma’qul» dedi. Oʻroz, qaerdandir, katta tarvuz keltirib, oʻrtaga qoʻydi.
— Yeng,— dedi u Yormatni turtib,— bizlarga toʻgʻri kelmaydi, qornimiz och...
— Nima, oziq bitdimi, qozon osmadinglarmi?
— Qozon qaynatishga suvdan boshqa narsalar kerak boʻladimi? Yo oshqovoqdan moy chiqarsakmikai, Yormat aka!— dedi kinoyali kulish bilan Yoʻlchi.

Yormat hech nima demadi. Har vaqt maqtaydigap pichogʻini qinidan sugʻurib, tarvuzni kesdi. Bir pallasiii oʻzi olib, ikkinchi pallani Yoʻlchi va Oʻroz oldiga qoʻydi.

Kecha sukutini nogʻora va chirmanda sadosi birdan buzib yubordi. U juda yaqindan, goʻyo boy yerining etagidan kelganday tuyuldi Yoʻlchiga. Yormat pichoq uchiga ilgan garvuzni ogʻziga otmay, quloq solib moʻljalladi.
— Toʻgʻon chavandoznikida emasmi, Oʻroz?
— Aniq oʻshanikida.
— Chavandoz qurgʻur dunyoning zavqini biladi-da,— hasadlanib gapirdi Yormat.— Toʻgʻon chzvandoz deganimiz shunday odamki, Yoʻlchi, umrini uloq, eiyofat, bazmda oʻtkazib keladi. Qancha marta beli, qobirgʻasi singan, oyoqlari majaqlangan: jamisi uloqdan... Yuzi ham tirtiq-mirtiq. Bu ham uloqdan. Qirqta joʻrasi bor, hammasi serzavq, yuragi oʻgʻitli odamlar. Mana oʻshalarniki...
— Davlati kattadir?—dedi Yoʻlchi beparvolik bilan. Oʻroz javob berdi:
— Yer-suv koʻp, xizmatkor undan koʻp, har kuni bozorga besh-oʻn arava yuk tushiradi... yana unga nima kerak? Yaxshi taniyman uni. Eski xoʻjayinning oshnasi edi. Xizmatkorlari ovqatdan toliqmaydi. Lekin, chavandozning jahli chiqsa, xizmatkorlarni tutib uraveradi, yoshmi, qarimi, surishtirmaydi. Shuning uchun odamlar unda uzoq ishlamaydi...
— Katta koʻppak deng,— dedi Yoʻlchi.

Bazm borgan sari qizimoqda, chirmanda gumburiga qoʻshilib, yalpi qiyqiriqlar eshitila boshladi. Yormat tarvuzni tugatib, toʻsatdan taklif qildi:
— Boramizmi? Rostini aytsam, uchib ketgim kelyapti.
— Guruch orasida kurmak boʻlamizmi?— e’tiroz qildi Yoʻlchi.
— Borasanmi, Oʻroz?..
— Yoʻq!
— Yoʻlchi, yur, uka, menga hamroh boʻl! Bir chetda oʻtirib tomosha qilamiz. Qirgʻizga doʻmbira boʻlsa bas. Shoshma, sindiraman uni.— Yormat oʻrnidan turib, Yoʻlchining qoʻlidan sudradi.

Juda yaqin tuyulgan bazmga yetish uchun xiyla yoʻl yurishdi. Ilgarilashgan sari bazmning butun dabdabasi aniqroq sezilib, Yormatni bezovta qilaverdi.

Katta darvozadan kirish bilanoq u Yoʻlchidan ayrildi.

Keng, yop-yorugʻ sahnda yigitlarga yumush buyurib, koʻksini joʻrttaga baland koʻtargan, yakka kift, gerdaygan, suyakdor, boʻychan, xunukkina odam — chavandozga duch keldi, qoʻl uzatib koʻrishmoqchi boʻldi. Lekin Yormatning qoʻli muallaq qoldi, takabbur chavandoz payqamaganday turtib oʻtib ketdi. Faqat, Yormat hech qanday qisilish, sarosimalik sezmadi, boʻynini choʻzib, u yoq-bu yoqqa alangladi-da, odamlar orasini yorib kirdi, davradan joy topib, yengini shimarib chapak chala ketdi.

Yoʻlchi yoʻgʻon terakka suyanib, tek turib davrani qurshagan odamlar orqasidan tomosha qila boshladi.

Bazm butun shavkati, butun an'ana va odati, nahshiy suroni bilan davom ztadi. Yuzlarcha odam siqilib, chor burchak tashkil qilib oʻtirishadi. Bularning orqasida tek turgan odamlar, bir-birlariga zanjir bilan bogʻlanib qoʻyilgan kabi, zich va tigʻiz. Bular orasida yigitlar, keksalar, bolalar bor, hammalari atrofdan kelgan tomoshabinlar.

Nogʻorachilar va chirmandakashlar terlab-pishib, oʻzlarini unutayozgan kabi, keskin sachrab, keskin toʻlgʻanib, goh qiyshayib, goh keskin silkinib chaladilar. Davra qurib oʻtirgan bazmchilarning harakatlari, qiliqlari, boʻgʻiq nidolarini tavsiflashga til kifoya kilmaydi!.. Chapakka chidagan qoʻllarga, shart-shart savashlarga bardosh bergan koʻkraklarga balli! Oʻrtada oʻn olti-oʻn yetti yashar bachcha oʻynaydi. U rangsiz, xipcha, «tekisgina», yana toʻgʻrirogʻi, «popukday» bola... Uning ustida yangi, yarqirab yoqabeqasam toʻn, koʻk shohi belbogʻni pastroq bogʻlagan. Oyoqlarida bejirim xrom etik. U yumshoq gilamlarda yengil uchadi.

Atrofda bir toʻp yigitlar shoshib-pishib, baqirib-chaqirib har xil yumushlarni bajarishadi. Daraxtlarga osilgan katta lampalar koʻzni qamashtiradi. Bir tomonda «chars-churs» bilan gulxan yonadi, u ba’zan juda baland alangalanib, kechaning cheksiz qora ogʻushidan katta nur oʻpqini yoradi. Daraxtlarda yengil olov pardasi titraydi.

Nogʻora choʻpining tez urilishi, bachchaning chir aylanishi va kuchli, yalpi qiyqiriq bilan bazmning birinchi qismi tugadi. Odamlar birpasgina yoyilib, hoy-huy bilan qirilgan, qaqragan halqumlarini hoʻllasha boshladilar. Bir kecha minutdan soʻng oʻrtaga chiroyli bir «qiz» tushdi. Nogʻora va chirmandalar avvalgidan koʻra ohistaroq, yengilroq chalindi. «Qiz» ayollarga xos noz va qiliq bilan raqs eta boshladi. Egnida uzun qizil shohi koʻylak, kimxob nimcha, boshida shaftoli rang yorqin tovlangan ipak durracha. Mayda oʻrilgan qora, uzun kokillar beliga tushadi, yengil yoʻrgʻalagan sari yoyilib silkinadi. Bu «qiz» haligi bachcha edi. Yoʻlchi oʻz ichida: «Voy shaytonlar, rosa oʻxshatibdi qizga!» dedi-da, jimgina tomoshaga berildi. Nogahon davrada bir nima «pang» yetdi. Keskin, quloqni bitiruvchi bir tovush! Hamma birvarakay oʻrnidan sakradi, arining uyasiga choʻp tiqilganday, duv koʻtarildi, koʻzlar ola-kula. Hamma ust-ma-ust qulashib, parokanda boʻldi, oʻrtada kishi oz qoldi, «qiz» — bachcha yiqila-qoʻpa qochib, oʻzini hovuzga otdi. Chakmon kiygan, yoʻgʻon, yumaloq, qoragina odam qoʻlidagi toʻpponchani mahkam ushlagan holda gandiraklab, soʻkinib, hovuz labida «ovini» qidira boshladi.
— Otmang, qutqaringlar!—Sado daraxtlar bilan qurshalgan hovuzda yangradi.

Yoʻlchi bir sakrashda zoʻravonning oldiga bordi, toʻpponcha tutgan qoʻlni mahkam siqib, orqaga qayirdi. Toʻpponch» «shaq» etib yerga tushdi. U kishi soʻkinib, butun kuchi va gʻazabi bilan Yoʻlchidan qutulishga tirishdi.
— Kimsan oʻzing, saniyam otaman, qoʻshmozor qilaman qoʻyvor!— toʻpponchani olish niyatida tipirchilandi. Yoʻlchi uni mahkam quchoqlab koʻtarib, bir qancha qadam nariga yeltib tashladi. Soʻng chavandoz va boshqa joʻralar yalinib-yolvorib, nihoyat, uni bir yoqqa sudrab ketishdi.

Odamlar toʻplanishib, bir-birlaridan soʻrashadi:
— Yopiray, nima boʻldi?
— Bachchaga achchiq qildi-da. Oʻzi mast ham tez odam, ma’lum-ku.
— Ajali yetmagan ekan, bola bechora sogʻ qoldi...
— Naq boshimdan oshirib otdi. Tuproqqoʻrgʻondagi toʻpday gumburladi savil...

Yoʻlchi qoʻlini beliga tirab, bir chetda sokin turarkai, Yormat zarda bilan turtdi:
— Yuring endi, joʻnaymiz!

Yoʻlchi unga xoʻmrayib qaradi-da, izidan joʻnadi, bir qancha minut ikkisi jim ketdi. Soʻng Yormat asabiylanib dedi:
— Odam degan har nimaga aralashavermaydi. Qaerda gʻalva qoʻpsa, qochavering: och qornim, tinch qulogʻim. Kimni himoya qilasiz? Bir bachchanimi? Uzingizni otib qoʻysa, ish nima boʻlar edi?
— Yormat aka, insof qiling,— beparvolik bilan javob bera boshladi Yoʻlchi,— bir quturgan mast odam koʻz oldimda kishini otib oʻldirmoqchi boʻlsa, men qarab turaymi? Bu odamgarchilik emas. Toʻgʻri, jon shirin, har kim oʻz jonini ayaydi, lekin odamning yuragida boshqalarga mehr boʻlishi kerak, kerakli vaqtda koʻmaklashish kerak. Oʻsha bachcha ham odam farzandi. Ota-onasi kambagʻallikdan uni bachchalikka sotgandir. Yo u yetim qolib, shu yoʻlga kirgandir. Uyinini koʻrib, esingiz ogʻdi, yana yomonlaysiz.
— Bilasizmi, Yoʻlchi, bu yerda kimni sudradingiz?
— Yoʻq, kim oʻzi u it?
— Ana xolos!.. Eh, bilib qoʻying: Tantiboyvachcha — shu, togʻangizning kuyovi-ya.

Yoʻlchi qattiq kuldi.
— Kim boʻlmasin, mayli!—dedi Yoʻlchi.— Lekin u ablahga ham yaxshilik qildim. Yormat aka, ertaga boramizmi, unaqa odamlar juda kekchi boʻladi-ku?

Yormat indamadi. Yoʻlchi hozir qilgan ishidan oʻzi xursand. Bir koʻp odamlar unga rahmat aytdi, ba’zilari uning yelkasiga qoqdi. Ishi Yormatday toshkoʻngilli, qoʻrqoq odamga yoqmasa yoqmasin!..

Yoʻlchi oʻz manziliga qaytib, pichan «toʻshakka» choʻzilarkan, haligi yerdan yana nogʻora taraqladi: bazm!

IV

Vaqt namozasrga yaqin edi. Tantiboyvachcha kechagi bazm va ichkilik kayfini butun kun choʻzilgan uyqu bilan tiniqtirib, qoʻrgʻon eshigidan bogʻ tashqarisiga chiqdi. Yum-yumaloq qornini silab, bir necha minut kezdi. Soʻng, hovuzda yuz-qoʻlini yuvib, supada yonboshladi.
— Qambar, chilim keltir!— daladan qaytgan xizmatkoriga buyurdi.

Qambar ixcham, yarqiroq mis chilimni olib keldi, «pishitib» xoʻjayinga tutdi.
— Xoʻjayin,— odatdagicha takallufsizlik bilan dedi u,— bukun bir talay ish qildik. Qaynatangiznikidan kelgan yigit juda yaxshi ishladi.
— Aha, keldimi? Durust! Qaynatam ishning koʻzini biladigan odam. Xizmatkorlari bari yaxshi ishlaydi. Mana sen boʻlsang, ovqat yeyishdan boshqani bilmaysan.
— Ana, kelyapti,— ketmonni yelkaga olib, ogʻir qadam bosib kelayotgan Yoʻlchini koʻrsatdi Qambar.

Yoʻlchi hovuz boʻyiga yaqinlashganda Tantiboyvachchaga koʻzi tushdi. Joʻrttaga dadil yurib ketmonni devor tagiga qoʻydi-da, shoshmay, beparvolik bilan betini yuvdi, belbogʻini yechib ohista artdi, soʻng boyvachcha bilan koʻrishdi.
— Horma, yigit, oʻtirchi, — Yoʻlchiga boshdan-oyoq tikilib dedi boyvachcha.

Yoʻlchi uning qarshisiga oʻtirdi. Tantiboyvachcha unga jilmayib, bir nimadan oʻkingan kabi, boshini tebratib dedi:
— Kechasi bazmda bormiding? U yigit sen emasmi?
— Men edim,— dedi Yoʻlchi.
— Mastlik, qursin, toza mashmasha qilibman, he-he-he,— sovuq kuldi boyvachcha.
— Xoʻjayin, har yerda bir gʻalva qoʻtarasiz. Asli nomingizni «Toʻpolonboyvachcha» qoʻyish kerak edi,— iljayib dedi Qambar.

Tantiboyvachcha uni hazilsimon koyib, keyin Yoʻlchiga soʻzladi:
— Birinchi oʻqdan xudo asradi bachchani, ikkinchi oʻqdan sen saqlab qolding. Otar edim, kayfim taraq edi.
— Nimaga u bechoraga oʻq uzdingiz?—voqeaning sababini yaxshiroq anglash uchunmi, yo joʻrttagami soʻradi Yoʻlchi.

U bir nafas sukut qildi. Yirik, lekin qizil, mayda tomirchalar bilan qoplangan xira koʻzlarini qisib javob berdi:
— Bilmayman, tutgan choyimni olmadimi, yo qoshini uchirmadimi, xullas, jahlimni chiqardi, la’nati. Xoʻp, oʻtgan ishga salavot. Qalay, ekinlarimiz durustmi?
— Ekinlar juda soz. Ayniqsa, kartoshka bilan sabzi moʻl hosil beradi.
— Aniqmi? Mana bu choʻloq,— Qambarga ishorat qildi boyvachcha,— ancha-muncha yerga ekin ekdim degan edi. Oʻzim yaxshi qaraganim yoʻq. Toʻgʻrisi, dehqonchilikka sira tushunmayman. Mana shu choʻloqqa ishonaman. Choʻloq boʻlsa ham qoʻli barakali. Ekini har yil ham chakki boʻlmaydi, shundaymi, Qambar?

Shoʻx, gapdon yigit — Qambar bir oyogʻini sudrab bosar edi. U ayyorcha kulib, sariq tukdan iborat qoshlarini chimirib soʻzlab ketdi:
— Mirishoq aka, jilla boʻlmasa, mehmonlarning oldida choʻloq demang... Qani, chopishasizmi men bilan?
— Chilimni sol, choʻloq, hazilni bilmagan kal Fozil! Toʻgʻri, oʻzi choʻloq-ku, lekin shamoldan tez uchadi, hayronman. Ham oʻzi dilkash yigit. Ishni puxta qiladi. Bir aybi shuki — choʻloq. Xax-xax, xax.
— Yerni maymoq oyogʻim gullatib turibdi, xoʻjayin. Qani, torting chilimni. Muchangiz sogʻ boʻlsa ham chilim soʻrishdan boshqa ishga yaramaysiz!

Tantiboyvachcha chilimni tortib, tutun orasidan Qambarga jiddiy tus bilan soʻzladi:
— Toyni minib shaharga tush, ikki shisha konʼyak ol. Tez. Uhu, oʻhu... yoʻtal qursin! Asqar polvonlar kelishadi, tushundingmi?
— Ehhe, ish katta-ku. Omad tilayman, yoʻtaldan choʻzasiz-da. Lekin, toy yoʻq, Mirishoq aka. «Kichkina chavandoz» uloqqa minib ketgan edi.
— Yoʻrgʻani min!

Shu vaqtda, egar-jabdugʻi yap-yangi boʻlgan, manglayiga tumorcha va munchoqlar osilgan semiz, chiroyli qora toychani yetaklab «kichkina chavandoz» kirib keldi. Bu, Tantiboyvachchaning oʻgʻli Obidjon edi. U oʻn uch-oʻn toʻrt yoshli, oriq, chayir bola, oʻzini kattalarday tutishga tirishsa ham, butun harakatlaridan «erka qoʻzi» ekani koʻrinib turar edi. U toyni Qambarga topshirib, kiyimlaridan changni qoqa boshladi.
— Oʻgʻlim,— deb qichqirdi kulib dadasi,— kimniki oldi?
— Tohir gubchakning jiyroni. Ot bolasi unga toʻgʻri kelmas ekan.
— Iya, Obidjon,— tirjayib gapirdi Qambar,— men oʻylovdimki, uloqni taqimga bosib kelasiz, bu yerda qozon osamiz deb, quruq tomosha deng.
— Shoshma hali, Qambar, qozoningni moy qilarman bir kun...— kibrlanib dedi Obidjon.
— Hazratalining duldulini hech bir ot quvib yetgan emas, kitoblarda shunday yozilgan. Toy oʻssin, naq duldulday boʻladi. Ammo, uloq olish uchun chavandoz boʻlish kerak, kuch kerak, ukam Obidjon!— deb Qambar toychaning qorinbogʻini boʻshatib, qoziqqa bogʻladi. Keyin xoʻjayindan pul olib, boshqa otda shaharga joʻnadi.

Tantiboyvachchaning mehmonlari shomdan soʻng kelishdi. Ular bedapoyaga qaratib solingan ayvonga oʻtqazildi, to Qambar kelguncha, xizmatni Yoʻlchi bajarib turdi. Hammadan Tantiboyvachchaning chilimi zeriktirdi. Minut sayin ayvondan baqiradi: «Chilim». Chilim uning yonida. Lekin sarxonani yangilab, oʻt qoʻyib tutish kerak... Boyvachcha chilimni bir marta yengil tortish bilan kifoyalanadi, lekin bir zum oʻtmasdan, yana talab qiladi. Qambar kelib, oʻzining malaka orttirgan xizmatini bajara boshlagach, Yoʻlchi qorongʻi supadagi taqir namat ustiga choʻzildi. Qambar bir lagan sovib qolgan palov keltirdi, oʻzi ham oʻtirdi.
— Oʻyin boshlanganga oʻxshaydi... Oʻyinni juda qiziqib oʻynaydi, xoʻjayin. Qarang, chilim yodidan koʻtarildi.
— Qanaqa oʻyin?— dedi Yoʻlchi.
— Qimor...— sekin javob berdi Qambar.
— A, mehmonlari qimorbozga sira oʻxshamaydi-ku. Domla imomlarday salla-kallali odamlar.
— Qimorboz deb kimni aytasiz?— ogʻzidagi oshi bilan gʻuldiradi Qambar.— Koʻkragi ochiq, qoʻshbelbogʻ, yakka kift chapanilarnimi?.. Yoʻq, qimorbozlarning uchchiga chiqqani bular. Sersoqol, katta sallali — eshonning oʻgʻli. Bularning bogʻida har juma zikr boʻladi. Dadasi boʻlmaganda zikrga oʻzi boshliq boʻladi. Muridlari juda koʻp. Katta eshon.
— Tavba! Eshon «gardkam» deb oshiq otadimi, a?
— Bular qartada oʻynaydi. Baribir qimor-da, qaytaga, bu yana yomonroq... Ha, ichishini soʻrang. Nomi ichkilik boʻlsa — bas. Choʻlda bir hafta suvsiz qolgan tuyaday shimiradi. Boʻzami, aroqmi, musallasmi, konʼyakmi,— qoʻymaydi eshon.
— Gʻirt palid odam deng,— dedi-da, eshonni oʻxshatib soʻkib qoʻydi Yoʻlchi.
— Chilim, choʻloq!

Qoʻliga olgan oshini laganga toʻkib, yugurdi Qambar. U chindan oyogʻi sogʻ kabi, tez yugurar edi. Yoʻlchi ichida oʻyladi: «Choʻloq odam uchun xizmatkorlik qiyin, boyoqish Qambar bu kamchilikni bildirmaslik uchun yugura-yugura yugurik boʻlib qolganda».

Tantiboyvachcha har safar «choʻloq» deb qichqirar ekan, Yoʻlchiga qattiq ta’sir qilar edi: «hazil emas, mensimaslik bu» der edi ichida.
— Menga qarab oʻtiribsizmi? Olavering,— qaytib kelib dedi Qambar.— Xoʻjayinning karmoni oʻpirilganga oʻxshaydi, tolei yoʻq-da. Shu bu yil yutqizishdan boshi chiqmay qoldi. Nuqul «boy beradi». Davlat zoʻr, unchalik bilinmaydi, ammo, pirovardi yomon boʻladi. Ana shunda koʻzi moshdek ochiladi. Bu xarajat, bu isrofgarchilikka togʻ ham chidamaydi, doʻstim Yoʻlchi.
— Boyvachcha nima ish qiladi?—dedi Yoʻlchi.
— Ish?—«piq» etib kuldi Qambar.— Oshdan oling, keyin eshitasiz.

Lagan boʻshagach, Yoʻlchi qoʻlini tortdi. Qambar laganga barmoqlarini ishqab, yaladi. Soʻng laganni chetga surib, Yoʻlchiga juda yaqin oʻtirdi, ovozini pasaytirib, soʻzlay boshladi:
— Hemirilik ishi yoʻq... Otasi oʻlganiga oʻn besh yil boʻlib qoldi, shundan buyon har qanaqa ishni yigʻishtirgan. Men hammasidan xabardorman. Bu odamnikida toʻrt yildan buyon ishlayman... Lekin shaharda bir mahallada boʻlganimiz uchun, ahvolini obdan yaxshi bilaman. Xoʻjayinning dadasi katta boy edi, mol-mulkni behad yiqqan edi. Bir qancha doʻkon, yana yer-suv, yangi shaharda bir necha qoʻralar... Chol oʻldi, oʻgʻil yeb yotibdi: gap-gashtak, bazm, uloq, mehmon-izlom inchunin. Mulla, eshon, boy, qimorboz yogʻilaveradi. Har kun norin, manti, shilpildoq, palov. Mana yaqinda shaharga koʻchamiz. Haligi bir qarich bolani uylantirmoqchi. Qizni beshikda unashtirib qoʻygan ekanlar. Shu bola xotinning ma’nisini biladimi?! Oʻgʻli ham oʻziga oʻxshaydi. Na oʻqishni biladi, na toʻqishni... Xadradagi oʻris maktabga bir qancha oy qatnab, tashlab qochdi. Bolaning es-hushi uloqda, otda, yosh-yosh boyvachcha joʻralar bilan ulfatchilik qilishda. Ota-bola birlashib davlatni kemiradi. Hozir, eshitishimcha, uchdan biri qolgan emish. Bu ham sotilib-sovrilib shamolga uchadi.

Uzoqdan Tantiboyvachcha boʻgʻilib baqirdi: «Chilim!» Qambar soʻzini kesib, xoʻjayinga yugurdi. Bir zumda qaytib, yana shivirladi:
— Oʻrtada pul xirmonday uyulgan. Oqpodshoning surati tushgan nuqul shaldirama qogʻozlar-a... Qarasam, koʻzimdan olov chiqib ketadi. Bir-ikki donasi menda boʻlsa edi, qaerga borsam: «Keling-keling, mulla Qambar!» U yoʻq: «Choʻloq Qambar, moʻloq Qambar!»
— Xoʻjayin tanti deb tanilgan ekan, tantiligini sizga koʻrsatdimi, Qambar aka?— dedi Yoʻlchi.
— Tanti, lekin bizga emas,— shivirladi Qambar,— Oʻzining oshna-ogʻaynilariga ham oʻziga tantilik qiladi. Ziyofatlarini yegan odamlar unga Tanti ot qoʻyishgan. Menga ovqat beradi, kiyim juda toʻzisa, kiyim qilib beradi. Lekin, pulchadan yoʻqroq... Qoʻldan berganga qorin toʻymas, degan gapni bilasiz-ku! Ba’zi vaqtda uncha-muncha pul ham soʻrab olaman. Lekin, chirt-pirt boʻlib qoʻldan uchadi-ketadi. Oh, pul! Ikki tanobgina yer olsam, oz boʻlsin, soz boʻlsin deganday, qantday ish qilar edim. Koʻrdingiz-ku, qancha yerga ekin ekkanman. Yolgʻiz oʻzim!.. Har yil xoʻjayinga arava-arava hosilot beraman.
— Birov ishlaydi, birov rohatini koʻradi, yering boʻlsa mehnati ham, rohati ham oʻzingniki boʻladi. Pul yigʻib yer oling, Qambar aka!— dedi Yoʻlchi.
— Xizmatkor yolgʻiz oʻzini boqadi, bir tiyin ham tugishi qiyin. Xoʻjayinlarning ostonasi shunday la’nati boʻlar ekan, hatlayman desang, oyogʻingdan chalar ekan...

Shu topda xoʻjayinning mast va asabiy tovushi yangradi:
— Choʻloq, «doruv» dan olib kel!
— Musallasga gal keldimi?-— dedi Yoʻlchi.
— Eshonning boshini xumga tiqaman!— deb kuldi Qambar va qorongʻida yoʻqoldi.

Yoʻlchi quruq namatga yotib, ustiga koʻrpacha yopdi. Koʻrpachadan zax hidi bilan ot shiptirining qoʻlansasi dimoqqa urdi. Buning ustiga mast qimorbozlarning baqirishi, yakkam-dukkam «xirgoyilari» qoʻshilib, Yoʻlchining uyqusini oʻchirdi. Ochiq qolgan oyoqlarini nima bilan va qanday yopishni bilmay, urinib yotarkan, boshida Qambar egilib shivirladi:
— Uxladingizmi?
— Yoʻq.
— Ichasizmi? Ozgina quyib beray. Juda xushta’m musallas.
— Sira tatib koʻrgan emasman. Kerak emas. — Xa, xa, xa!

Qambar birdan qattiq kulib, Yoʻlchining yoniga yonboshladi. Ogʻzidan musallas hidi gurkirar edi.
— Oz-moz ichib turilsa, zarari yoʻq,— gapga tushdi Qambar,— ba’zi vaqt, Yoʻlchiboy, yuragim tars yorilguday boʻladi, dunyo koʻzimga qorongʻi koʻrinadi. Ana shunaqa vaqtlarda xoʻjayindan bekitib bir-ikki piyola ichib olaman. Ba’zi vaqt oʻzi ham beradi. Asli, meni xoʻjayin oʻrgatdi. Ilgari bir qatra ogʻzimga olmas edim. Goh-goh dunyoni oʻylab, xoʻjayinga tan beraman: umr qisqa, besh kunlik dunyoda eavq surish gʻanimat. Mana uning isqirt dadasi yemadi-ichmadi, ammo molini mozorga orqalab ketmadi.
— Ziqna odammidi u?— boshini koʻtarmay soʻradi Yoʻlchi.
— Ziqnaning pir urgani edi. Xasisligini, isqirtligini hamma biladi: Kimsan terifurush falonchi boy! Lekin koʻrgan odam yamoqchimi, boʻzchimi deb oʻylar edi. Qish-yoz oyogʻida ogʻir sagʻri kavush. Mahsi ham ming yamoq. Boshida kir, toʻzgʻigan salla, choponi ham qoʻsqi. Keyin, har vaqt yerga qarab yurar edi. Koʻchada yotgan eski taqa, zanglagan mix, tugmacha, shunga oʻxshash balo-battarga koʻzi tushsa, darrov olar edi. Korimga yaraydi bir kun, der ekan. Bir vaqt, yosh pallamda, ikki dona arava mixni qoʻlimdan aldab olgan edi.
— Rostmi? Picha lofi boʻlsa kerak,— dedi Yoʻlchi.
— E... soʻzlaganlarim daryodan bir tomchi,— davom etdi Qambar,— shoshmang, mana bunga quloq soling: kuz kelsa mahalladan bir toʻda bolalarni mana shu dalaga olib kelar, xazon supurtirar edi. Bir yil bolalar bilan men ham keldim. Juda koʻp xazon supurib, qanorlarga miqtilab joyladik. Kechki paytda qattiq shamol turdi. Daraxtlarda toʻkilmay qolgan barglarni shirt-shirt yulib, har yoqqa uchiraverdi. Shamol zoʻrayib, daraxtlarni silkitgan sari, barglarini osmonga pirillatib uchirgan sari, biz sevinamiz. Boy bizlarni soʻkadi, oyogʻi kuygan tovuqday notinchlanadi. «Ota, nimaga xafasiz?» dedik. U nima dedi: «Xudoning bemaza ishlari koʻp boʻladi. Qaranglar, daraxtlarimda bitta yaproq qoʻymasdan, barini koʻkka uchirdi».
— Obbo, la’nati kalxamak!
— Shoshmang, yana bir narsani aytib beray, buni choʻpchak deysiz, lekin oʻngkay chin soʻz. Boy yaxshi ovqatlarni — palov, norin, qazi-qartani yemas ekan. Palov me’damga mixdek qadaladi, qazi-qarta mijozimga toʻgʻri kelmaydi, der ekan. Albatta, hammasi bahona. Har kun yovgʻon xoʻrdi, soʻk oshi qildirar ekan. Oʻgʻli — xoʻjayinim — uylangandan keyin, roʻzgʻorni yaxshilab, ovqatlarni moʻl-joʻl qila boshladi. Lekin juda yashirin. Otasining pulidan oʻgʻirlab, xarajat qilaveribdi-da. Oʻzlari shiringina taom pishirib yeb, kechqurun boyga gʻozi yoʻq, suyuq osh tayyorlab qoʻyishar ekanlar. Bir kun shahardan boy ertaroq qaytadi. Yoʻlda uchragan bir yaqin qarindoshini ham uyga boshlab keladi. Suyuq oshini kutib hovlida gaplashib oʻtirishadi. Lekii shu vaqtda bir chekkaga uyulib qoʻyilgan bir necha bogʻ pichan orasidan buriqsib tutun chiqa boshlaganini sal koʻrib qoladi-ku. Bu nima, deydi-da, darrov pichanga yuguradi. Orasini yorib qarasa: damlogʻlik qozon chiqadi, tuvoqni koʻtaradi. Palovning bugʻi, shirin hidi guppa uradi. Mana shunda hamma sir unga ayon boʻladi. Tushundingizmi? Xotinlar palovni damlagan vaqtda, boy kelib qoladi. Ular qoʻrqqanlaridan oʻchoq, qozon ustiga pichan tashlaydilar. Boy oʻz joyiga borib oʻtiradi. Bezgakday shaq-shaq titraydi, qarindoshi uni yupatishga kirishadi: «Xafa boʻlmang, xudoga shukur, siz davlatmand odamsiz. Yesa, oʻz farzandingiz yeydi. Koʻpdan buyon bu hovlida ikki qozon osiladi, biri sizga, biri oʻzlariga. Kechiring ularni», falon-piston deydi. Bu gapni eshitgandan keyin keksa boy boshini quyi solib birdan hoʻngrab yigʻlab yuboradi. Obdan yigʻlab shunday deydi u:

«Yeshim yetmishda. Ellik yil mol, pul qaygʻusida yurdim. Yaxshi yemadim, yaxshi ichmadim, yaxshi kiymadim. Mana umrim oʻtdi, nuqul azob ichida oʻtdi. Bular rohatda, men hasratda yashabman. Oʻz ahmoqligimga yigʻlayman, qarindosh!» Mana otasi qanaqa, bolasi qanaqa!..
— Axir, pushaymon qilipti-da, goʻrsoʻxta,— dedi Yoʻlchi hayratda, yoqasini ushlab.
— Pushaymon qildi, lekin behuda. Bir oyogʻi goʻrda edi-da. Shundan keyin bir yil oʻtar-oʻtmas oʻlgan. Qani, siz ayting — otasining yoʻli qalay, bolasining yoʻli qalay?
— Ikkisi ham ahmoq. Ikkisining yoʻli ham, menimcha, gumrohlikdan boshqa narsa emas. Biri yigʻib oʻlgan, biri yeb oʻladi,— dedi Yoʻlchi sekingina.

Qambarni xoʻjayin chaqirdi. Yoʻlchi uxlash uchun koʻzlarini yumdi, lekin uyqusi oʻchib, xayollarga choʻlgʻondi. Koʻzi yumilarkan Qambar hozirgina tasvir etgan xasis boyni tushida juda mudhish tasavvur etdi. Uning koʻz oldida xasis boy dahshatli qiyofalarda jonlandi. Goh uning skeleti goʻristondagi och itlar bilan qorongʻida suyak talashadi, goh pichan orasidan topgan qozondan palovni agʻdaradi, mozor ichida bir qarich tilini osiltirib, quruq qozonni yalaydi. Goh kuchli boʻron orasida chirpinib faryod koʻtaradi, faqat ogʻzidan xazon toʻfoni uchadi...

V

Yoʻlchining hasharga kelgani Nurining qulogʻiga yetgach, unda sabr qolmadi, fursatni gʻanimat bilgani uchun, uzoq oʻylamadi. Opasini sogʻingani va qovun polizni sayr qilishni bahona qildi-da, akasining oʻgʻli Rafiqjon bilan birga yoʻlga tushdi.

Mana hozir uch kundan beri bu yerda, opasining bogʻida yashaydi. Uning maqsadi Yoʻlchi bilan uchrashuv, albatta. U boshiga yengil bir nimani ilib, har kun bir necha marta bogʻni va polizlarni aylanadi, kezadi. Lekin Yoʻlchiga yaqin kela olmaydi. Yoʻlchi ertadan kechgacha, dam u ekinda, dam bu ekinda. Qambar bilan birga ishlaydi. Shuning uchun dadillik qilib qaltisroq qadam bosishga qoʻrqadi, ham bu yer uncha qulay emas. Chunki devorsiz, keng, ochiq dala. Baxtiga qarshi, Tantiboyvachcha ham odatdagicha biron yerga yoʻqolib ketmaydi. Har kun mehmon, har kun tashqarida ichkilik, shovqin-suron bilan vaqt kechiradi...

Toʻrtinchi kun kechasi, xuftondan keyin Tantiboyvachcha oʻgʻliga buyurdi:
— Anov kim, ha, Yoʻlchiga chiqib ayt. Ayvonda yotsin. Koʻrpa-yostiq, gilam hammasi u yerda qolgan. Qambar bu kecha kelmaydi.

Bu soʻzni eshitish bilan Nurining soʻngan umidi alangalandi, koʻkragi yoniq orzular bilan toʻldi. Sevinch va hayajonini bildirmaslik uchun opasining yumushlariga qarasha boshladi. Keyin bolalarga tezgina oʻrin soldi. Ularni dam qargʻab, dam ularga yalinib, nihoyat barchasini yotqizdi. Oʻzi uchun kampir quda xolaning yoniga emas, bolalarning orasiga oʻrin soldi.

Keng koʻylak ichida togʻaraday qornini osiltirib, pishillagan homilador opasi Umriniso hovlida mayda-chuyda ishlarni saranjomlab boʻlgach, chirogʻni oʻchirdi, erining yoniga kirib ketdi. Lekin bolalar qorongʻida koʻrpa-yostiqni tortishib, bir-birlarining ustlaridan dumalashib ancha vaqtgacha shoʻxlikni davom ettirishdi. Soʻng, kampir buvining dagʻdagʻasi bilan tinishdi.
— Buvi, choʻpchak aytib bering!— dedi bir nabira.— Jon buvi, ayyor kalni ayting.
— Jim yot, kechasi ham tinchlik bermaysanlar, ogʻiz ochishga darmonim yoʻq.— Kampir koʻrpasiga burkanib oldi.

Bolalar Nuridan soʻrashdi. Nuri ertak emas, bir necha topishmoq aytishga majbur boʻldi. Lekin ogʻzidan chiqmasdan bolalar topaverdi. Topilishi qiyin topishmoqlarni koʻp bilgan Nuri, hozir oʻylay-oʻylay, birini ham esga keltira olmadi. Gʻoʻyo, hammasi boshidan izsiz koʻchgan... Obidjon juda qoʻpol va beadab bir topishmoqni qichqirib aytgan edi, kampir uni qattiq qargʻadi, «bolalarga qoʻshilib hingillashgan» Nuriga ham piching qildi. Hamma jim boʻldi. Ertadan kechgacha yaylov dalada tinmay oʻynab, charchagan shoʻx bolalarni bir lahzada va birdan uyqu oldi...

Qizda uyqu yoʻq. Uning badani qizigan, tomogʻi qaqragan, yuragi shiddatli uradi. «Chiqsinmi, chiqmasinmi?» Bu savolni u oʻz-oʻziga beradi, goh sevinib, shirin xayollarga botib, sabrsizlanadi. Goh butun vujudini qoʻrquv bosadi.

U butun diqqatini toʻplab quloq solsa-da, kampirning uyqudami, uygʻoqmi ekanini payqolmadi. Nuri kampirdan qoʻrqar edi. Chunki ogʻzida bitta tishi yoʻq, beli bukchaygan kampir hali ziyrak edi, quv edi. Har kimning yurish-turishidan ma’no qidirishni yaxshi koʻrar edi. Nurining harakatida agar qitday shubha sezsa, qolganini kampir oʻzi toʻqib-joʻyib ola bilishiga qiz ishonar edi...

Mana hovli orqasidagi chakalakdan sekin-sekin oy koʻtarila boshladi. Kechaning qorongʻisida erib yoʻqolgan daraxtlarni nurlantirib, ularga koʻrkam, xayoliy manzaralar shaklini berdi. Oy yorugʻida kecha jimjitligi yana chuqurlashgan kabi tuyuldi...

Kampir kuchsiz xurrak torta boshladi. Nuri ancha vaqtgacha taraddudlanib, atrofga qarab yotdi. Soʻng, titrab oʻrnidan turdi. Kuz kechasining salqini uning qizgʻin badanini seskantirdi. Darrov qoziqdan nimchasini olib kiydi. Yoʻlchi uchun keltirgan tugunchak yodiga tushdi. Uni paranjiga oʻrab, taxmonning burchagiga yashirib qoʻygan edi. Tugunchakni olish uchun oyoq uchida borar ekan, choynakni turtib, agʻdardi. Qiz dir titrab, bir lahza qotib qoldi. Lekin choynakning shaqillashi hech kimning uyqusini buzmadi...

Qiz tugunni qoʻltiqlab hovliga tushdi. Kavushini kiymadi. Yalang oyoq, «ship-ship» yurib ketdi. Hovlining oʻrtasiga borganda toʻxtadi, atrofga qoʻrquvli nazar tashlab, quloq solib, yana eshik tomonga yumshoq yoʻrgʻaladi. Devor tagida katta sigir boshvogʻini yerga yoyib, bemalol kavsh qaytarib yotardi. Uning qoʻngʻir tuklari oydinda oltinlanib yaltirardi. Nuri yaqinlasharkan, sigir beparvo nazar bilan boqib, pishillab, ogʻir nafas oldi.

Nuri eshik zanjiriga qoʻl uzatdi, lekin birdan choʻchib ketdi: «Zanjir jaranglaydi, eshik gʻijirlaydi. Kampir uygʻonib qolsa, nima bahona topaman? Bunga bahona topib boʻladimi? Bu eshik gʻijirlarmikan, yo yoʻq?» Shuncha vaqtdan buyon bu narsaga diqqat qilmaganiga oʻkindi. Tavakkal qilib zanjirni ohistagina tushirdi. Eshikni juda ehtiyot bilan yarim ochib, oʻzini tashqariga oldi. Supaga qadar boʻlgan sahn tutash tiniq oydin, hatto tuproq ham yiltiraydi. Boshqa yerlar ola-chalpoq nim oydinlik. Nuriga endi kecha va jimjitlik, nechundir qoʻrqinchliroq tuyuldi. Katta-kichik daraxtlarning yerga tashlagan koʻlkalari, gerdayib koʻkka uzaygan haybatli qayragʻochlar sirli, vahimali koʻrindi. Qiz ularga qarashga botinmadi, goʻyo har tomonda «ajina»larning koʻlkalari sakrashganday... U qattiq yugurib ayvonga bordi. Ertaklarda uchraydigan botir kabi gʻurur, salobat bilan uxlab yotgan Yoʻlchning bosh ustida choʻkkaladi. Kechaning bir zum avval sirli va mudhish koʻringan manzarasi endi yoʻqoldii. Atrofda hammaa narsa toʻzal va yoqimli bir shakl oldi. Yigit koʻkka qarab, tinch uxlar edi. Ayvon yoqasidagi ikki tun jaftoli orasidan tushgan oy nuri yigit yuzida koʻlka aralash jim-jim titraydi. Nuri uning koʻksiga qoʻlini qoʻydi, bir qoʻli bilan peshanasini sekin siladi. Yoʻlchi seskanib koʻzlarini ochdi, boshini keskin koʻtardi.

— Kim bu?
— Men, men... Nuri, Yoʻlchi aka. Jim, sekin...— Nuri oʻz yuzini yigitning yuziga taqadi.
— Siz, shu yerdamisiz?—shivirlab, hayajon bilan dedi Yoʻlchi,— nimaga bemahal bu yerga chiqdingiz? Bilib qolsalar nima boʻladi? Barchaga sharmanda boʻlamiz. Men bir xizmatkorlaring boʻlsam... Siz juda yengil oʻylaysiz.
— Nima qilibdi, xizmatkor odam emasmi? Siz qarindoshimiz. Siz qanday yaxshisiz,— sovuqdanmi, yo hayojondanmi, Nuri titrab gapirdi.— Sizni deb bu yerga keldim, Yoʻlchi aka. Bu yerda ekanligizni eshitib, koʻzimga xech nima koʻrinmadi, uchib bora qolsam, dedim. Bu yerda uch-toʻrt kundan buyon kunduzi ham, kechasi ham es-hushim sizda. Tavakkal qilib chiqdim.

Kuz kechasining salqin shamolida jimgina silkingan daraxtlarning barglari orasidai tushgan oy nuri kizning sochlarida, yuzida jim-jim oʻynar, qizlik latofatiga sirli va sehrli bir nima bagʻishlar edi. Yoʻlchi atrofga koʻz tashlar, shamolda shildiragan har bargdan choʻchir edi. U qiz bilan ikki ogʻiz jiddiy soʻzlashib, kelajakka qanday qarashni bilmoqni istasa-da, lekin Nurining koʻzlaridan, harakatlaridan uning bu yerga soʻz sotish uchun chiqmaganini sezdi. Qiyinlik bilan erishilgan bu nodir fursatda yoniq orzularini, shoʻx ehtiroslarini alangalanganiga qizda kuchli intiluv borligini ravshan koʻrdi. Yoʻlchi qizga tomon yaqin egildi va koʻzlariga tikildi va titroq lablari bilan bazoʻr dedi:
— Shundaymi-a? Men uchun keldingizmi?
— Yolgʻiz sizni deb...

Yoʻlchi qizning qoʻllarini mahkam siqdi. Nuri oʻz boshini uning yelkasiga sekingina tashladi... Yigitning qoʻllari qizinig bellariga chirmashdi, koʻkraklari bir-biriga qapishdi.

Oy. Nozik jimjitlik. Salqin shamollargina qizning sochlari bilan oʻynashadi...

Nuri ketish oldida, tugunchakni Yoʻlchiga berdi.
— Nima bu!?
— Arzimaydi. Sizga bir koʻylak olib kelgandim. Pul kerakmi sizga? Yoʻlchi aka, aytavering, uyalmang— Yoʻlchining qoʻlini maxkam ushlab, dedi Nuri.

Yoʻlchi ogʻir bir xoʻrsinib tugunchakni qizmnng oyogʻiga tashladi.
— Olib keting. Menga hech nima kerak emas. Na kiyim na pul. Oʻz kuchim bilan topaman. Oling xozir, opa
— Men ataylab siz uchun olib keldim. Bir qoʻshni xotinga yashirin tikdirdim. Hozir biron joyga berkiting. Katta yerga borganda, kiyarsiz.
— Oling, xafa boʻlaman.
— Roziligimga qarang, Yoʻlchi aka!..

Nuri yana avvalgiday qoʻrquv ostida ehtiyot bilan qoʻrgʻon hovliga kirdi. Ayvonchaga oyoq uchida yurib bordi. Kampir uyquda ekaniga ishongach, yuragi birdan tinchlandi. Endi u, mabodo kampir uygʻonsa, zaruriyat uchun turgan ekan, deb oʻylasin, degan niyatda, joʻrttaga dadil yurdi, yoʻtaldi, ayvon oldiga yetgach kavushlarga qoqilgan boʻldi.

Uchinchi bob

I

Kechikib kirgan qish endi kun sayin sovugʻini kuchaytira boshlagan edi. Qor yoʻq, lekin ertalab yalangʻoch daraxtlarda va tomlarda qalingina qirov yaltiraydi. Mirzakaribmoyning oilasi bir yarim oydan buyon shaharda.

Sahni torroq, lekin toʻrt tomoni uy-ayvonlar bilan oʻralgan tashqari hovlidagi naqshli, qubbali eshiklari keng, yaxlit oynali derazalari, tarnovlarning tepasida gerdaygan tunuka xoʻrozchalari, ganch uymalari, boʻyoqlari bilan koʻrkam — haybatli ikki mehmonxonaning birida qat-qat shoxi koʻrpachalarda, issiq tanchaga suqilib Mirzakarimboy oʻtirar edi. Doʻkondan xoh erta, xoh kech qaytsin, u toʻppa-toʻgʻri shu uyga kirar edi. Faqat, ovqatni oʻgʻillari, kelin va nabiralari bilan birlikda yeyishni (mehmonlar boʻlmaganda) oʻzi uchun shart qilib olgan. Bu kun peshin namozini Eski joʻvadagi «Xotin machit»da oʻqib, bozordan barvaqt qaytgan edi. U tokchadan choʻtni olib, miyasini ishgʻol etgan «hisob-kitob»ni bir-ikki marta choʻtga agʻdargandan soʻng, koʻzoynak taqib, «Chohor darvesh»ni varaqlab koʻzdan kechira boshladi. U ba’zi vaqt Xoʻja Ahmad Yassaviyning «Hikmatlar»ini ham oʻqir edi. Hali bir betni oʻqib bitirmasdan, oʻgʻli Hakimboyvachcha kirib keldi. Dadasi bilan koʻrishib movut chakmonining etagini ehtiyot bilan qayirib, tanchaga oʻtirdi. Fargʻona safaridan qaytgan oʻgʻli bilan gaplashish uchun, boy kitobni yopdi.
— Qachon kelding? Muncha tez?
— Ertalab kelgan edim. Bankada aylanishib qoldim,— dedi-da, soʻzlab ketdi. Birinchi «sort» paxtalarni ikkinchi, balki uchinchi «sort» bahosiga sotib olganini, yana sakkiz ming pud paxta uchun pul tashlab kelganini va hokazoni bildirdi, qoʻqonlik boylarning, «ishbilarman» yor-doʻstlarning salomini topshirdi. Mirzakarimboy paxta savdosining turli tomonlarini sinchiklab bilib olgandan soʻng, oʻgʻlining «kori»dan xursand boʻldi.
— Buni omad deydilar. Bu toʻgʻrida birovga ogʻiz ochma, savdo ishiday nozik ish jahonda yoʻq. Dadam rahmatlik baqqol edi. Bir kunda qancha sabzi-piyoz sotadi, buni hech kimga, uy ichidagilarga ham aytmas edi, he-he-he...— kuldi u oʻgʻliga tikilib.
— Dada, endi paxta zavod qurmasak boʻlmaydi. Modomiki, paxtachi boʻldim, zavodsiz iloj yoʻq. Garchi siz norozi boʻlsangiz ham, ishni boshlab yubormoqchiman. Qoʻqonda nomerda bir oʻris injener bilan tanishdim, bu toʻgʻrida maslahatlashdim. Ammo, siz «xoʻp» desangiz olam guliston.

Mirzakarimboy «qix-tuf»dan soʻng:
— «Bu kor xayr...» Sendan ilgari men oʻzim tarafdorman. Lekin picha sabr qil,— u bir nafas sukunatdai keyin oʻgʻliga iljayib qaradi.— Balki zavod qurish uchun ovora boʻlishga toʻgʻri kelmas, biz tayyor zavodni, ishlab turgan zavodni qoʻlga olarmiz ham juda arzonga olarmiz!
— Eh, qani endi, doʻndirma ish boʻlar edi-da!—Hakimboyvachcha labini yalab qoʻydi.
— Haligi gapimni sir deb bil!— davom etdi chol.— Paxta bozori misoli qaynab toshgan bir daryo... Birdan oʻzni otish ham yaramaydi. Oldin daryoning chuqur, sayoz joylarini bilish kerak. Koʻrib turibman, koʻp odamlar bu daryoning ostida yer tishladi, koʻplar girdobga yoʻliqib, choʻp-xasday gir-gir aylanadi, qoʻlini choʻzib, qutqar, deydi. Qaysi mard ularni qutqarardi! Eh-he... Men bankaning chilani... Hammasining siri manga ravshan, oʻgʻlim.
— Chakana-chukanalar shunday, dada. Ammo yoʻgʻonlar, beli baquvvatlarning ishi borgan sari avj olmoqda.

Mirzakarimboy kuldi.
— Otangiz bor, belingiz baquvvat-da, oʻgʻlim!
— Siz savdo ishida juda dadil odamsiz,— bir qadar ranjib dedi Hakimboyvachcha,— sizdan dadilrogʻi, xudo biladi, musulmonlar orasida yoʻq, yo juda oz. Hayronman, nimaga zavodga qadamni bunchalik choʻchib bosasiz.
— Qiziq gaplarni gapirasan. Axir, soqolim gazlama savdosi bilan oqardi. Men dadil boʻlmay, kim dadil boʻlsin yana.

Bir muddat ikkisi ham jim qolishdi. Chol hali kitob oʻqiganda ilgan oltin bandli koʻzoynagini olib kursiga qoʻydi.
— Man bir vaqt sanga yoʻl chizib bergan edim-ku, shundan chiqma, paxtani birinchi qoʻldan ol. Dehqonlarga pulni qishda tarqat. Dehqon qip-qizil yalangʻoch, ahvoli tang. Unga pul kerak. Pul bilan oyogʻiga kishan ur. Shunday qilsang xohlagan shartingga koʻnaveradi. Kuzda hamma paxta seniki, oʻgʻlim. Hozircha bundan afzal yoʻl yoʻq.
— Hali ham shu yoʻldaman-ku.
— Yana kengaytir!

Mehmonxona eshigi ochildi. Boʻynini qisib, koʻrishmoq uchun uzoqdan qoʻllarini choʻzib Abdishukur kirdi.
— Oʻtiraveringlar, ziyoratlariga keldim,— u ota va bolaning qoʻllarini ta’zim bilan juda samimiy siqib oʻtirdi.
— Baquvvatmisiz, otajon?
— Alhamdulillo...
— Shaharda koʻrinmay qoldingiz, mulla Hakim aka?— boyvachchaga qarab, koʻzlarini javdiratdi Abdishukur.
— Qoʻqonda edim.
— Qalay, xursandmisiz? Juda soz. Doʻstlarning xursandligi — mening xursandligim. Shunday emasmi, ota?

Abdishukur yana cholga ta’zim qilda.

Mirzakarimboy indamadi. U oʻgʻli bilan boshlagan jiddiy suhbatni kesgan bu «gazetparast mahmadona»ning kelishini jilla yoqtirmay, boshini egib, xomush oʻtirsa ham, Hakimboyvachcha durust, muomalada boʻlda. U Abdishukurning xoʻjayini va doʻsti boʻlgan Jamolboy bilan pul ham savdo muomalalarida buni qurol qilmoqchi edi. Shuning uchun bir qancha zamondan buyon Abdishukur bilan yaxshi aloqada boʻlishga tirishar zdi.

Kursi ustiga dasturton yozilib, meva-cheva toʻla patnis qoʻyildi. Samovardan chiqqan bugʻ uyni tutdi. Abdishukur bodom-pista chaqib, achchiq choy ichib, yayrab oʻtirda. Gap orasida qoʻltigʻidan sariq qogʻozli, yupqa bir kitobchani chiqarib, Hakimboyvachchaga uzatdi.
— Zotan, kelishdan maqsadim shu edi, janobingizni madh etibdilar, sizga koʻrsatishga oshiqdim.
— «Oyna»...— Oʻqidi kitobchaning nomini, soʻng varaqlay boshladi Hakimboyvachcha.
— Bu iima tagʻin?—Abdishukurga shubhali nazar bidan qaradi Mirzakarimboy.
— Bu, otajon, majmua, joriyda,— dedi Abdishukur,— oyda ikki daf'a Samarqandda bosilib, ahli ilm orasida tarqaladi. Nima keragi bor, deysizmi? — yumshoqqina kulib, davom etdi Abdishukur.— Maqsadi diniy, dunyoviy har nav foydali yozuvlar millat islomiyaning koʻzini ochish, haqiqat yoʻlni koʻrsatishdir. Muharriri ilmda kamolotga yetgan nodir iisonlardan...
— Ajab zamona ekan!—Boshini chayqab gapirdi Mirzakarimboy,— har xil gaplar chiqadi: majmua, joriyda... foydasi bormi?! Mana banka degan soʻz chiqdi. Koʻrdik, foydasi, manfaati juda zoʻr, vekselʼ degan soʻz chiqdi. Uni ham koʻrdik, benihoyat zarur narsa, kredit, protsent, zavod, kompaniya, yana birmuncha soʻzlar borki, hammasi nuqul foydali narsalar. Sizlarniki-chi? Joriyda, yana nima, majmua!.. Tavba!
— Taqsir,— tushuntirish uchun shoshildi Abdishukur— siz sanagan soʻzlarning ildizi mana shu majmuada... Bolalaringiz majmuani mutolaa qilsa, siz foydali hisoblagan nimarsalardan yana yaxshiroq, moʻlroq foyda chiqarishga malaka hosil qilgan boʻladi.

Hakimboyvachcha «Oyna»ni varaqlab, «madh»ni topa olmaganini Abdishukur sezib, toqatsizlandi, boyvachchaning qoʻlidan kitobchani soʻrab olib, kerakli joyini topdi.
— Mana, oʻqing, Hakim aka!—dedi. Hakimboyvachcha diqqat bilan ichida, oʻqir ekan, yuziga tabassum yoyildi. Oʻqib boʻlib ix-ix-ix, deb kuldi-da, dadasiga qaradi.
— Ovozingni chiqarib oʻqi, nima debdi? — Mirzakarimboy ham qiziqdi.
— Oling, siz oʻqing, — Abdishukurga tutqazdi. Abdishukur oldin yoʻtalib, qiroat bilan oʻqidi: «Hamiyatli, saxovatli, taraqqiyparvar boylarimizdan toshkentlik mulla Hakimboyvachcha Mirzakarimboy oʻgʻillari «Oyna»ga oʻn soʻm iona buyurmishlar. Zoti oliylariga joriydamiz chuqur tashakkurotini bildiradi. Bunday fidokorlikning hurmatli musulmon boylarimizga ulugʻ ibrat boʻlishini tilaydi».

Mirzakarimboy soqolini selkillatib kuldi va bu yozuvdan rozi boʻlganini bildirdi.
— Durust. Oʻn soʻlkovoy yoniga tushadi-ku maqtamaydimi?
— Yoʻq, ota, bu pul birovning karmoniga tushmaydi. Hozir qogʻoz, bosmaxona va hokazo xarajatlar uchun pul yetishmaydi. Chunki «Oyna» oz tarqaladi. Ziyon qilishi ham mumkin.
— Ziyon?—Mirzakarimboyning koʻzi oʻynay ketdi — Ziyon koʻrsa nimala chiqaradi, haligi. olim?
— Musulmonlarning koʻzlarini ochish va madaniyatga xizmat qilish degan maqsad bor ota!—dedi Abdishukur.
— Xudo har kimga bir kasal yuborar ekan-da. Kimga kerak madaniyat? Oʻzi nima degan soʻz?— Chol yana qizishib ketdi.—Alhamdulillo, hammaning koʻzi ochiq, hamma oʻz ishida, har kim oʻz rizqini tarib, yeb turadi. Oqpodshohning qoʻl ostida tinch yashaymiz, obodonchilik... Madaniyat-da!
— Toʻgʻri, podshohimizning soyasida tinch yashiymiz. Lekin, biz deymizki turmushimizda bir qadar isloh yuzaga chiqsin, bema’ni ishlarni yoʻqotaylik dini islomning ravnaqiga qoʻshish qilaylik. Eski maktablardagi bolalarimizning umr zoe boʻladi. Yangi maktablar ochib, Qur'oni karim va boshqa. diniy darslar bilan birga, jugʻrofiya, tarix, hisob kabi ilmlarni ham ta’lim beraylik. Boylarimiz oʻzi yordamda boʻlsalar, ya’ni maktablarning holidan ogoh boʻlib tursalar, biz Turkiston musulmonlari tez kunda madaniyat olamiga oʻzimizni tanitgan boʻlar edik,— dedi Abdishukur.
— Xoʻp, maktablarda kim oʻqiydi?— dedi boy.
— Musulmon bolalari.
— Ha, Eshmat, Toshmatning bolalari oʻqiydi, ilm oladi, nega bunga boylar pul beradi? — Mirzakarimboy koʻzlaridagi ayyor tabassum bilan Abdishukurga tikildi, soʻng davom etdi, — Bola oʻqisa, foydasi oʻziga, keyin ota-onasiga tegadi. Bolalarini oʻqitmoqchi boʻlganlar xarajatini oʻz zimmalariga olsinlar. Boylarning oʻziga yarasha ishi bor, tirikchiligi bor, orzu-havasi bor. Keyin, ukam Abdishukur, boylar yaxshilik qilsa ham, xalq minnatdor boʻlmaydi... Xalqning fe’li ma’lum.
— Isloh, albatta, lozim,— patnisning chetiga barmoqlari bilan chertib, beparvolik bilan soʻzladi Hakimboyvachcha, — bizda har xil bid'at ishlar koʻp. Biz sartlarning yurish-turishimizni koʻrib, yevrupoliklarning kapalagi uchadi. Yangi maktablarda oʻqiladigan ilmlar shariatga xilof kelmasa, ulamolar fatvo berishsa, har bir ota oʻz bolasi uchun qoʻldan kelgancha yordam qiladi, albatta. Hozir eski maktablarimizda bolalar har payshanba non, yo nonning pulini olib boradilar. Bundan boshqa boʻyra puli, koʻmir puli, idiliq puli ham bor. Mana shu taomilni qoʻldan qoʻyish kerak emas. Shunday yangi maktabda ham bolalar non oʻrniga har payshanba kuni besh tiyin, oʻn tiyin pul olib borsinlar. Shunday qilinsa, toma-toma koʻl boʻlar, deganday, muallimga birmuncha mablagʻ toʻplanib qoladi.
— Yigirmanchi asr talabiga javob beradigan mukammal maktablarni bu usulda tashkil qilish mahol,— dedi Abdishukur,— faraz qilaylikki, shu yoʻlni tutdik. Lekin koʻp otalar shu juz'iy yordamga, har hafta uch tiyin, besh tiyin berishga ham qodir emaslar. Bunga nima deysiz?
— Besh qoʻl baravar emas,— dedi Hakimboyvachcha,— birov olim, fozil boʻladi, birov mardikor, hammol boʻladi. Bundan boshqa iloj yoʻq manimcha.
— Har qim oʻqiyversa, podani kim boqadi: — dedi achchiqlanib Mirzakarimboy. — Mardikor, ahli kosib, beva-bechora oʻz qornini toʻydirsa bas-da!.. Ularning bolalari oʻqib, ilm olib nima karomat koʻrsatar edi? Miri bor oilalarning bolalariga maktab ham, madrasa ham yarashadi.

Endi Abdishukur gapirmadi. Qand bilan choy ichib, bodom chaqib, oʻylab ketdi: «Darhaqiqat, ahli savdogar bolalari koʻchalarda oshiq oʻynab, it urishtirib, yoqavayron kezgan bir pallada fuqaroning bolalariga ilm tahsili chikora?! Yoʻq, avval yurtning homiylari boʻlgan boyonlar oʻz oʻgʻillarini hozirgi zamon ilmfununi bilan tarbiyalasinlar. Shu ham katta gap. Oʻn yil muddatida uch-toʻrt doktor, ikki-uch advokat va Davlat Dumasida otashin nutqlar soʻzlab, Turkiston musulmonlarining huquqlarini mudofaa eta biladigan toʻrt-besh arbobi siyosat yetishsa, biz uchun katta sharaf emasmi? Endi maorif uchun tashviqotni, albatta, savdogarlarimiz, mulk-dorlarimiz oʻrtasida yurgizish kerak. Zotan, Turkiston oʻlkasining istiqboli bu guruhning qoʻlida. Shuning uchun ularni gʻaflatdan uygʻotish darkor...»

Dasturxon yigʻishtirildi, namozgar yaqinlashganidan, uchovlari tahorat qilgani turishdi. Namoz shu yerda — mehmonxonada oʻqildi, Abdishukur imom boʻldi. Keyin katta laganda palov keltirildi. Gangir-gungur suhbat bilan palovni yeb, Abdishukur ketishga ruxsat soʻradi. U dahlizdan kalishini kiyar ekan, Mirzakarimboy qichqirdi:
— Mulla Abdishukur, ertaga ojizamizga toʻy keladi, marhamat qiling, durustmi?
— Muborak boʻlsin, juda soz, albatta, kelaman.

II

Arava sigʻmaydigan, ichkarilik koʻchaga bu kun jon kirgan. Ertadan buyon Yormat bu koʻchani dastakli supurgi bilan qirtishlaydi, chuqurchalarga tuproq solib, tepkilaydi. Bu kun uning boshida yangi, lekin beoʻxshoz doʻppi. Amalga yangi mingan hovliqma odamdek burnini koʻtargan, yuzi ma’nisiz jiddiy va magʻrur. Tumov orqasida burnidan toʻxtovsiz oqqan suvni ham sezmaydi... Chagʻir-chugʻur qilib, oshiq oʻynovchi mahalla bolalarini tiriqtirib quvlaydi. Onalari, buvilari bilan toʻyga kelgan mehmon bolalarga — ularning kiyimlariga yaxshi razm solgandan soʻng — tegishli muomalada boʻladi, yo dagʻal soʻzlaydi, yo «akasi jonidan» deb shirin gapiradi.

Koʻchani chinniday tozalagandan soʻng, machitdagi hovuzdan obkashlab suv tashimoqqa boshladi. Ba’zi bir «ta’bi tortgan» odamlarga: «toʻyga birga boʻling!» deb qoʻyadi oʻzicha.

Kuyov tomondan «toʻy kelish» vaqtiga hali erta. Toʻn sohibi Mirzakarimboy ham mehmonxonadan chiqqan emas. Lekin, koʻchada qatnov, qiy-chuv borgan sari kuchaymoqda Toʻda-toʻda xotinlar kelishdi: duxoba, shohi, banoras, qalami va hokazo xilma-xil paranjilar oʻtadi, kelinlar, juvonlar, kampirlar aralash-quralash boʻlib, Mirzakarimboyning dangʻillama darvozasiga kiradilar. Aksar xotinlarning oldi-orqasi toʻla, katta-kichik, yasangan-tusangan, ukpar taqqan bolalar. Patnislarda, togʻaralarda, savatlarda kulcha, qovirma chuchvara, varaqi, qatlama va boshqa har nav meva-chevalar...

Yormat darvozadan besh-oʻn qadam narida turib xotinlarga tilyogʻlamalik qiladi: «oʻtaveringlar, kiraveringlar, barakalla!» Katta tugunlarni xotinlarning qoʻllaridai, boshlaridan olib, ichkariga kiritishga yordamlashadi.

Kelayotgan ayollarning soni yoʻq. Boylarning toʻylarini koʻp koʻrgan Yormat ham hayratda: «Buncha xotin, buncha bola-chaqa, buncha tavan qaerga sigʻadi?» Anchagina ichkarilikda boʻlgan hovlida xotinlarning shovqin-suroni, koʻkrak emadigan bolalarning chirqillab yigʻlashlari va qiy-chuv tovushlar yangraydi.
— Hov, Yoʻlchiboymi! Keling, nasiba-de.— Yormat qichqirib, uzoqdan Yoʻlchini qarshiladi.
— Qanaqa toʻy, Yormat aka?—dedi yaqinlashganda hayron boʻlib Yoʻlchi.
— Ey, bugun xoʻjayinning qiziga toʻy keladi, bilasizmi, xoʻjayinnint Nuriniso degan qizlari bor-ku. Aravani katta koʻchada qoldirdingizmi?.. Durust. Otni darrov otxonaga kirgizing. Yumush koʻp,— dedi Yormat Yoʻlchining qoʻlini siqib.

Yulchi shu vaqtgacha dala ishi bilan ovora edi. U har kun aravada shaharga, qandaydir bir saroyga, paxta tashir zdi. Koʻpincha ikki marta qatnar, oqshom vaqtida, ba’zan undan kechroq dalaga qaytar edi. Bu kun bir qatnovdan soʻng, otga taqa qoqtirish va arava temirini yangilatish uchun boyga uchrashgani kelgan edi.

Otxonaga otni bogʻlab, shu yerda bir muddat turdi. U har vaqt dalada yashagani uchun Nurining toʻyi toʻgʻrisida hech nima eshitmagan edi. Shu jihatdan bu toʻy unga, har bir kutilmagan hodisa kabi, qiziq ta’sir qildi. U Tantiboyvachchaning bogʻidagi uchrashuvdan soʻng Nurini koʻrmagan boʻlsa ham, uning oʻsha vaqtdagi hayajon bilan aytgan soʻzlariga ishona boshlagan edi. «Qiz menya sevmasa, ketimdan qidirib yuradimi? Qoʻrqmasdan, tutilib qolganda gap-soʻz boʻlishni nazar-pisand qilmasdan, kechasi yonimga chiqarmidi?» deb oʻylagan edi. Ammo shu bilan baravar, qizning sevgisiga u katta ahamiyat bermagan ham edi. U hali ham kambagʻal «begona» qizni yodlar, hali ham uning boshini goh-goh band qilgan: «U kimning qizi? Uni yana bir koʻrish peshanamga yozilganmikan?» kabi savollar edi. Hozir esa Nurining toʻyini eshitarkan, yuragi allanechuk oʻksinganday boʻldi, kimdir, uni kamsitganday sevildi. U oʻz ichida shunday oʻyladi: «Nima qilsin, bechora Nuri! U ota-onasiga «men falonchini sevaman» deya oladimi? Yana kimni? Menday bir kambagʻal xizmatkor yigitni!.. Albatta, u oʻz yuragini hech knmga ocha olmagan. Dardini oʻz ichiga yutgan... Agar men bir boynnng oʻgʻli boʻlsam, Nuri meni sevsa, buni ota-onasiga aytmaganda ham, atrofdagilarga sekin bildirgan boʻlar edi. Har holda Nuri oʻz toʻyidan rozi boʻlmasa kerak. Hozir bir burchakda qisilib, yigʻlab oʻtirgan boʻlishiga shubha yoʻq... Ammo kim biladi, boyvachcha kuyov yaxshidir, xotinlar uni maqtashgan boʻlsalar, Nuri meni unutgandir.

Nuriga oʻxshash qizlarning ishqi bahorda yoqqan qorday: bir yoqdan yogʻib, bir yoqdan erib ketadi. Xoʻp, boʻladigan ish boʻlibdi, boyning qiziga uylanish xotirimdan kechganmidi?..»

U otxonadan koʻchaga chiqqan zamon, Yormat obkash va chelak tutqizdi va pochapoʻstinga oʻralib, magʻrur yurgan Mirzakarimboyga kulib, dedi:
— Ota, bu kun hovuzni yarimlatadigan boʻldik.

Boy, uni eshitmagan kabi, «gʻiq» etmadi. Yoʻlchining salomiga mingʻillab javob qaytardi.

Qiyom vaqtida bir qancha bolalar: «toʻy keldi, tuy keldi» deb baqirib-chaqirib yugurishdi. Yuk orqalagan, ogʻir qoplar ostida ikki bukilgan aravakashlar va mahalla yigitlari ham koʻrinib qoldi. Yormat Yoʻlchini sudrab koʻchaning boshiga, aravalar toʻxtagan joyga yugurdi. Toʻy uchun kuyov tomoindan oʻn besh arava yuk yuborilgan. Har bir aravada boshqa-boshqa mollar va buyumlar... Bu yerda qiygʻos-toʻpolon bilan aravakashlarning yuzlariga un sepildi. Aravakashlar boshlarini unga tiqqanday yo tegirmonchiday oqardilar, Yigirma bir qoʻyning ma’rashi, soʻkish, askiya, mahalla bolalarining qiy-chuvi ichida aravalarni ildamlik bilan boʻshatib, yuklarni boynikiga tashishga kirishildi.

Arava-arava un, guruch, qop-qop bodom, pista, kajavalarda holvalar, qirq-ellik katta-kichik yashikda har xil mevalar...

Mahallaning ba’zi bir oʻspirinlari pichoq bilan qopni yo yashikni teshar, choʻntaklariga qoʻrqa-pisa meva solardilar.
— Shu bilan nafslaring orom oladimi, qanday betsiz odamsanlar! Hoy, senga aytaman, qopni teshma!..— baqirdi Yormat.
— Ha, toʻychilik-da. Ogʻzimiz chuchib qolsin!— kulishadi yigitlar.
— Yukni bekorga tashiymizmi, qobirgʻamiz sinay dedi!— qichqirishadi boshqalar...

Aravalarning ostida bolalar chumoliday gʻivirlashadi, qoplardan, yashiklardan toʻkilib, tuproqqa, loyga qorishgan mevalarni terishadi.

Juda yaxshi kiyingan, nozikkina bir yigitcha bilan birga Hakimboyvachcha paydo boʻldi. U qovogʻini solib, qiy-chuvdan mamnun emasligini koʻrsatdi va bolalarga oʻdagʻayladi:
— Enalaring koʻchada tuqqanmi, bu nima hangama!— Bolalar qochisharkan, odatda nikoh kuni aytiladigan xunuk, beadab soʻzlarni baland qichqirishdi. Koʻchaning bir chekkasida ish tikib oʻtirgan Soli yamoqchi bolalar orqasidan baqirdi:
— Azamatlar, bu gap nikoh kuni aytiladi. Bu kun toʻy!— kinoya bilan xaxoladi.

Hakimboyvachcha bu «pastkash»ning soʻzini eshitmagan boʻlib, nozik doʻsti bilan oʻtib ketdi.
— Soli aka, sizga qachon ma’ni kiradi?— jahl bilan dedi Yormat.
— Ma’ni?— koʻzini olaytirdi Soli.— Ma’nini senlarga berdim, ekib qoʻyinglar... Toʻy bolalarniki, har qaysi toʻyda bolalar oʻynaydi. Senlar nuqul quvasanlar, shu ham ma’nimi?

«Toʻy keldi» hangamasi bitdi. Bir soatdan soʻng «yiroq-yovuq»dan toʻyga da’vat qilinganlar kela boshladi. Eshik oldiga, koʻchaning ikki yuziga qator qoʻyilgan skameykalarda Mirzakarimboy, mahallaning imomi, boylari, boyvachchalari ularni kugib oladilar. Keluvchilar «ahli rasta», ya’ni savdogarlardan, soʻngra ulamo, mudarris va eshonlardan iborat. «Ahli rastalar»da boylarcha zohiriy mutavozelik va ichki magʻrurlik, din namoyandalarida — soxta viqor va savlat... Ayniqsa, bular salmoqdor odim otib, sekin-sekin yurib kelishadi, epchil, ziyrak «toʻy boshilar»ning muloyim muomalalari bilan qarshi olinib, boyning tashqari hovlisiga «qadam ranjida» qiladilar Yana bir qancha minutdan keyin, ayni dabdaba bilan moyli soqollarini silab, kekirib chiqadilar. Lekin har birining qoʻltigʻida katta tugun — non va har xil meva-cheva. Ayniqsa, ulamo va eshonlarning tugunlari semizroq boʻladi.

Mahalla fuqarosiga hali navbat kelmagan. Eski choponlardan bitta-yarimtasi soddadillik bilan mabodo kelib qolsa, toʻy boshilarning koʻzlari olayadi, qoʻl uchi bilan ishorat qiladilar, u bechorani ohista turtib bir chetga, devor tagiga qaqqaytiradilar: «Nega muncha sabrsizlik!» yoki uni boshqa bir uyga choʻkkalatadilar. Xususan, bu narsaga Mirzakarimboy qattiq rioya qiladi. U toʻy boshilarga oldindan uqtirib qoʻygan edi: «Tartib buzilmasin, har toifani oʻz vaqtida, oʻz yeriga oʻtqazish, oʻziga yarasha kutish kerak».

Bu salobatli odamlar orasida xizmat qilgan Yoʻlchi gʻoyat siqildi. Yursa kalavlaganday, birovni turtganday tuyuladi. Yoʻlchiping jahlini chiqargan va sababini tushunmagan narsa shu edi:—Hamma yoq suv quygandek jim-jit. Hamma shivirlab gapiradi. Toʻy boshilarning tili kesilgandek. Ular oʻzaro nuqul imlashadi, boshqalarga ham qoʻl va koʻz harakati, imo bilan ish buyuradilar. Necha lagan osh, necha patnis va hokazo hammasi imlash, imo bilan bildiriladi. Yurganda qadamni mumkin qadar tez, lekin yumshoq bosish, qoʻl boʻshaganda, darrov qovishtirish kerak. Hatto choynak-piyolalarni shiqirlatish ham mumkin emas... Yoʻlchi oʻz ichida oʻyladi: «Haligi bolalar qani, haligi shoʻx yigitlar qani? Nega ularni aralashtirmaydilar? Toʻy emas, aza bu!»

Chindan ham har bir toʻyda toʻpolon qilib, bearmon oʻynab-kulishga oʻrgangandan bolalar bu «ulugʻ toʻydan» norozi edilar. Ularning har bir oʻyiniga, har bir hangamasiga «ona bosh» boʻluvchi Toʻxtasin oʻrtoqlarini yigʻdi, ularga shivir-shivir bilan bir nimani tushuntirdi. Sakkizta bola birdak: «Boʻpti, juda soz!» deyishdi-da, devorga tirmashib, tomga gʻizillashdi. Toʻxtasin oriq-iflos bir kuchukvachchani koʻtarib, hammadan keyin chiqdi. Tomdan tomga sakrab, toʻy boʻlayotgan koʻchaga yondoshgan baland tomga kelib, boʻgʻot labida jimgina, pisib oʻtirishdi. Muhiddin bilan Nurmat Toʻxtasinni qistadi:
— Nega boʻzarib qolding, qoʻrqasanmi? Bizga ber!
— Shoshma, qiziqroq boʻlsin-da!— jidday javob berdi Toʻxtasin.
— Anov boyvachchaning ustiga chiptiraymi? Juda qistanib turibman?—Sobir jiddiylik bilan maslahat soʻraydi oʻrtoqlaridan.
— Yoʻq... Ana oʻziyam bilganday naryoqqa ketdi.
— Nisholdani maza qilib yeb oʻtirgan hov anu sallalikni kesak bilan boplaymi?— dedi Mahmud.
— Yoʻq! U kishi domlamiz-ku,— javob beradi biri. Mahmud quyoshdan koʻzlarini pana qilib, tikiladi:
— A, domlamiz ekan! Umrlarida nisholda koʻrmaganday, boshlarini koʻtarmaydilar-a.

Hammalari kulishadi.

Pochapoʻstin kiygan, sersavlat, bir-biridan takabbur boylar eshikdan gerdayib chiqib, bir necha qadam bosishgan edi. Toʻxtasin kuchukbachchani baland koʻtarib tashladi. Hamma bolalar birdan va-xa-xolab qochishdi. Kuchukbachcha naq haligi «kazo-kazo»larning oyoqlari ostiga tushdi... Ular choʻchib alanglanib orqaga chekinishdi. Kuchukbachcha quloqnn yirtadigan tovush chiqardi: «ang-ang-ang...» Ayanchli koʻzlari bilan bir zum atrofga javdirab qarab, keyin oqsoqlanib, toʻppa-toʻgʻri Mirzakarimboy oʻtirgan stulning tagiga kirib ketdi, sekinroq, lekin dardchil ingrovchi tovush bilan yana angillay boshladi.

Gʻazabdai Mirzakarimboyniig koʻzlari pir-pir uchdi, rangi oqardi, Yormat tom tomonga koʻzlarini olaytirib, qochgan bolalarning orqasidan boplab soʻkishni moʻljalladi-yu, lekin qaerda, kimlar oʻrtasida turganini darhol esiga olib, tovushini halqumda boʻgʻdi, lablari mudhish qiyshayib, qimirladi, barmoqlari bilan tomga doʻq qildi.

Yoʻlchi kulgidan oʻzini tuta olmay, bir chetga burildi: «Rosa tomosha boʻldi, bolalar oʻchlarini oldi!» dedi ichida.

Hassakashlar qatorida, skameykada yonma-yon oʻtirib, xushxoʻr, xushta’m qiyomdan va nisholdadan boshlarini koʻtarmay, soqol-moʻylovlariga oqizib-tomizib, kavshayotgan imom — maktab domlasi va bir mudarris ham, bu munosabat bilan bolalarga husni axloqi ta’lim xususida bir oz dahanaki jang qilishdi.

III

Vaqt shom bilan xufton orasi edi. Toʻyning yumushlaridan endigina qutulgan Yoʻlchi toʻqqiz yogʻochli, pastgina, kun tushmas, zax uyda, shishasi yarmidan uchgan kichkina lampani tutatib, yolgaz oʻtirar edi. Bu uy —«xizmat-korxona», boyning tashchqari hovlisining quyi tomonida, baland, koʻrkam uylaridan chetda, bir burchakka tiqilgan, shuning uchun koʻzga chalinmas edi. Uyning toʻriga churuk qora namat tashlangan. Quyi tomoni yalangʻoch yer, taxmonda bir eski yashik. Uning ustida ikkita uvada koʻrpa, toshday qattiq, kir, «shalvrak» yostiq. Daladan biron yumush bilan qaytgan xizmatkorlar bunda qoʻnar edi. Bu kun Yoʻlchi bu uyga birinchi daf'a kirgan edi. U «moʻl-koʻl» toʻyda yumush bilan ovora boʻlgani va oʻzining tortinchoqligi orqasida, qornini unchalik toʻygʻiza olmagan. Sovuq devorga orqasini suyab oʻylar edi: «Hamma oʻzini biladi, oʻzim boʻlay deydi. Qornim toʻqmi-ochmi, qarindosh xoʻjayinlarning parvoyi palagiga ham kelmaydi».

Eshik ochildi, Salimboyvachcha goʻyo bu uyga kirgali hazar qilganday, boshini tiqdi.
— Yoʻlchiboy, shu yerdamisan?
— Assalom,— Yoʻlchi oʻrnidan turdi,— toʻyda koʻrinmadingiz, Salim aka?
— Doʻkonda edim. Yormat yoʻq, sen izvoshni qoʻsh, bir yerga borib kelamiz.
— Izvosh?— hayronlik bilan koʻzini katta ochdi Yoʻlchi.
— Koʻrmagansan-a... Bir oydan beri minamiz-ku, yangi ot, yangi faytun. Katta maydondagi saroyda. Ha, qoʻshishni, haydashni bilasanmi?
— Urinib koʻramiz.
— Tez boʻl!

Izvosh yangi shahar koʻchalaridan birida, derazalaridan elektr yorugʻi koʻringan bir qavatli, yangi bino qarshisida, bir necha izvoshlar qatoriga taqalib toʻxtadi. Salimboyvachcha aravadan tushib: «Meni shu yerda kutasan», dedi-da, zinadan tez-tez hatlab, binoning ichiga kirib yoʻqoldi.

Kecha juda qorongʻi va tumanli edi. Keng, tekis koʻchaga uzoqdan chiroqlar tuman ichida xira sovuq nur sepadi.
— Qalaysan, uka!— birov kelib turtdi. Yoʻlchini. Yoʻlchi bu kishining yuzini koʻrmasdanoq ovozidan tanidi.
— Ha, salomatmisiz, Joʻra aka!— qoʻlini uzatdi unga.
— Qachon olibdi, oti chogʻroq koʻrinadi,— koʻzini dam otga, dam aravaga tikib, dedi Joʻra.
— Yaqinda olishibdi. Birinchi haydashim, Yormat aka haydab turar ekan shekilli.
— Bu kecha otamlashar ekanmiz. Bu yomon hunar. Izgʻirin urgan bargday sovuqda bujmayasan, zerikasan.
— Qaerga keldik?— soʻradi Yoʻlchi. — Ishing boʻlmasin. bu yer arshi-a’lo. Uncha-munchaga nasib boʻlmaydigan joy... Pullarni shu yerda soviradi boylar. Qani, beri kel, xangamalashamiz.

* * *

— Xoʻsh, nima buyuramiz?—soʻradi labini yalab Salimboyvachcha.
— Qattiqrogʻi boʻlsin, men konʼyak,— javob berdi paxtachi Jamolboy. — Qoʻying, men qizil ichaman,— dedi Salimboyvachcha. Salimboyvachcha katta gavdasi bilan stulni qisirlatib, yoʻgʻon, goʻshtdor qoʻllarini qorday oq surp toʻshalgan stolga qoʻydi.
— Ta’bi shumo...? Abdishukur, ayting!
— Menmi?— Muallimning toʻsatdan bergan savoli qarshisida dovdiragan bola kabi, taraddudlanib, javob berishga urindi Ashdishukur,— menmi? Menga nima rom kelishini oʻzim ham bilmayman. Lekin, doktorlar konʼyak buyuradilar, mayli, konʼyak boʻlsin...
— Siz har vaqt Jamolboy akam bilan choʻqishtirasiz, bizga joʻr boʻling, qizil iching!— Salim hazillashdi Abdishukurga.
— Bu kishi mening valine’matim, pirim boʻladi,— jiddiy javob berdi Abdishukur.
— Qiziq. Ilmsiz, hatto qoʻl qoʻyishni bilmaydigan odam qanday qilib sizdek ilmli odamga pir boʻladi?— koʻzlarini ayyorcha qisdi Salim.
— Tarixdan ma’lumki, koʻp avliyolar tamom omi boʻlganlar. Paygʻambarimiz ham omi edilar, Salimjon!— javob berdi kulib Abdishukur.
— Abdishukurni xudo gapga bichgan, yengib boʻlmaydi — dedi Jamolboy pixillab.

Ofitsiant bir shisha konʼyak, bir shisha qizil vino olib keldi, bir ozdan soʻng turkistoncha va kavkazcha kaboblar taqdim etdi.

Stakanlar boʻshalgan sari, yuzlar qizarib, gapning kalavasi chuvala boshladi.
— Iching, Salimjon, iching, Abdishukur!—xitob qildi Jamolboy,— besh kunlik dunyoni kayfchogʻlik bilan shiringina oʻtkazish kerak. Kecha bir oz karta oʻynab, ketidan toza ichibmiz, Maskovdan kelgan bir favurkonchi oʻrisning toʻrt ming soʻmini yutibman. Ichishda ham qochirdim uni, azbaroyi xudo! «Sart» ham shunaqa ichadimi, deb hayron boʻladi. Qani, sovib qolmasin, ichinglar!

Yolgʻiz boylarga ham katta amaldorlarga muyassar boʻluvchi bunday hashamatli restoranda oʻtirgani uchun xursand boʻlgan, kayfi koʻtarilgan Abdishukur Umar Xayyomning mana shu ruboiysiii yoddan oʻqib ketdi:

Chandon bixuram sharob, kin boʻyi sharob,

Oyad zi turob, chun ravam zeri turob,

To bar sari xoki man rasad maxmure

Az boʻyi turobi man shavad mastu xarob.

Soʻng bundan hech nima tushunmay, koʻzlarini baqraytirgan doʻstlariga bu ruboiyning ma’nisini tushuntirish uchun shoshildi.
— Oʻzi juda lazzatli bayt ekan,— zavqlanib gapirdi Jamolboy,— shuni tojiki qilmasdan, oʻzimizcha toʻqisangiz boʻlmasmidi?
— Kechirasiz, buni ruboiy deydilar. Shoir Hakim Umar Xayyomniki...— javob berdi Abdishukur.
— Xah, munday deng. Sizga bunaqa baytlarni toʻqish tosh ichidan suv siqqanday ogʻir gap-ku, albatta, lekin mulla Abdishukur, shunday lazzat beradigan qilib toʻqishga urining.— Jamolboy stakanni ogʻziga agʻdarib, yana soʻzida davom etdi:— Oʻzi ham mendan battar araqxoʻrga oʻxshaydi, oti nima u tojikni, Umar Bahrommi?.. Ha, jinday yanglishibman, Xallam... Sizniki boʻlsa, nuqul «koʻz ochaylik», «ilm bogʻida sayraylik», «jaholat pardasini kuydir», tagʻin qiziqlari bor, xoʻsh, «zambilgʻaltak», «Qoʻqon arava»... Kimning koʻzi yumuq? Menimi? Salimjonnimi? Hakimboyvachchanimi? Hakimboyvachchadek hushyor yigit qayda? Boyonlaramizning bari hushyor. Aqli boʻlgani uchun boy boʻlganda. Shunday emasmi, Salimjon?
— Durust, Jamolboy aka,— Salimbayvachcha soʻzga kirishdi,— koʻzimiz ochiq. Lekin savodli, oʻqigan boy bilan oʻqimagan boy orasida farq bor. Oʻqigan boy yoʻl-yoʻriqni tushunadi, ishda oz qoqiladi.
— Bu juda toʻgʻri gap. Oʻzimdan qiyos qilaman. Ishim yomon emas-ku, lekin yoʻl-yoʻriqni oz bilaman. Zakunga tushunmayman. Oʻris orasida yurib, besh-oʻnta soʻz oʻrganib olganman, shuni ishga solaveraman. Endi bolalarimni oʻqitmoqchimanu, ammo dini susayib ketmasmikan, deb qoʻrqaman. Tunov kun bir abrazavan oʻris bilan uchrashganimda, endi bizning «sartni» bolalari ham shkolda oz-moz oʻqiyapti» desam, u xafa boʻldi... «Sart» chistiy xalq, shkolda «sart»ning dini buziladi, senlarning eski shkollaring yaxshi» dedi. Kofir boʻlsa ham, insofli ekan, deb oʻyladim.
— Jamolboy aka,— koʻzlarini mastcha suzib gapirdi Salimboyvachcha,— diniy islomni qoʻldan bermasdan, shariatni dilimizga mahkam joylab, zamon ilmlarini oʻqilsa, zarar qilmaydi. Sayidalim akaning oʻgʻli gimnaziya degan katta maktabda oʻqiydi. Maktabga shapka kiyib bordi-ya. Tushundingizmi, shapka!
— Bekor gapdir, musulmon bolasi shapka kiysin?— Jamolboyning koʻzlari oʻynab ketdi.
— Lekin, oʻz uyida besh vaqt namozni kanda qilmaydi. Men yaxshi bilaman. Ichaylik.— Salimboyvachcha stakanni koʻtardi.
— Apelʼsin, konʼyak!
— Bir shisha «marsala»!
— Jamolboy, bir daqiqa ruxsat yeting, kichkina izoh beraman...— asta turtib Jamolboyni oʻziga qaratdi Abdishukur,— men sizga koʻp daftʼa gapirsam ham, gʻolibo maqsadimni hali tushuntirishga muvaffaq boʻlgan emasman. Kaminaning gʻoyaviy hayoti shunday, yana takrorlayman: milliy sarmoyani oʻz boylarimiz — musulmon boylarimiz toʻla egallasinlar, ya’ni butun Turkistonimizda tijorat shu boylarning qoʻlida boʻlsin, bu bilan qanoatlanmay, zavod-fabrikalar qursinlar. Maskovga, Varshavaga va hokazo shaharlarga oʻzlari mol olib borsinlar, u yerlardan oʻzlari mol keltirsinlar, deyman. Oʻrtadagi shu yahudiy, oʻris savdogarlarining dumini qisib qoʻyish kerak, deyman. Milliy sarmoyani kuchaytirish uchun savdo-sanoat ilmini bilish, zamondan ogoh boʻlish lozim, Jamolboy aka. Toʻgʻri, bizda hushyor savdogarlar, epchil boylar bor, ular koʻpaymoqda. Ammo bu kifoya qilmaydi. Komersant boʻlish kerak, ya’ni ilmiy iqtisodni, ilmiy tijoratni bilgan savdogarlar yetishuvi kerak. Kaminaning dardi endi bir daraja anglashildimi? Milliy sarmoya uchun ichaylik!
— Komersant boʻlish kerak. Milliy sarmoya uchun ichaman!—stakanni boʻshatdi Salimboyvachcha.
— Oqpodshohning gʻaznasidan chiqqan hamma pul juhudda,— stakanga konʼyakni toʻldirib, pixillab gapirdi Jamolboy,— shu bachchagʻarlarni sindirishga iloj boʻlsaydi. Gapiring Abdishukur, juhudning pulini qanday qilib oʻzimizga agʻdaramiz?
— Buning uchun komersantlar kerak, bu bir, soʻngra ittifoq kerak, ya’ni musulmon boylari bir-birlarini qoʻltiqlasalar...— samimiyat bilan javob berdi Abdishukur.
— E... bizda boylar bir-birini koʻra olmaydi, birlashmaydi, shunisi chatoq-da,— shikoyatlandi Salimboyvachcha.
— Biz jadidlar ham bu ahvolga achinamiz...— boshini chayqab dedi Abdishukur
— Men kim? Jadidmi?—kulib soʻradi Jamolboy,— Men sizni koʻpdan buyon jadidga aylantirganman.

Oʻzingiz sezmaysiz-da!—Jamolboyning yelkasiga qoqib javob berdi Abdishukur.

Bir shisha konʼyak, bir shisha «marsala» va chiroyli vazaga qubba shaklida terilgan apelʼsin keldi. Jamolboy hali tetik edi. Abdmshukurniig koʻzlari xiyla besaranjom. Ikkinchi shishaga avvalgiday ishtaha bilan yopishmadi. Salimboyvachcha «marsala»dan ikki stakan ichib xiyla mast boʻldi. Endi ogʻziga kelganini qisilmasdan gapishrishga, xotinlar bilan koʻz urishtirishga, ularni imlashga boshladi.

Restoranda hayot borgan sari qaynaydi. Muzika har xil kuylarni chaladi. Odam qalin, aksari yaxshi kiyingan yevrupolik boylar va amaldorlar. Tatar savdogarlaridan ham koʻrinadi. Turkistonliklardan esa, bu stoldagilardan tashqari, yana bir qancha kishi oʻtiradi. Bir tomonda qoʻychi Sultonbekning ukasi Arslonbek, u yolgʻiz, mastlikdan mudraydi, stol toʻla pivo shishasi. Oʻrtada zavodchi boyning oʻgʻli Mirkomilboyvachcha ikki yosh xotinni yoniga olib, doʻppisini stolga qoʻyib oʻtiradi. Dam oyogʻini chalishtirib, kichkina, bichimsiz yuzini mastlarcha burushtirib, papiros tutatadi, dam xotinlarning ogʻziga vino tutadi, ularga nimalarnidir shivirlab «hiring-hiring» kuladi. Bu yosh boyvachcha uchun restoranda goʻyo hech kim yoʻq, bu joy yolgʻiz uning ayshgohi... Pastroqda, burchakdagi stolda, toza buyumlardan, lekin qoʻpolroq tikilgan kiyimlarda gavdali, miqti toʻrt kishi — aftidan, toʻqmoqlik yo olmatalik «sart» savdogar oʻtirishadi; stolni shishalar qoplagan, ular toʻkmada, yo gap-gashtaqda oʻtirganday, qichqirib gaplashadi, qattiq kulishadi. Bu «ulfati chor» ichida katta sallali, oppoq soqolli, lekin vajohati yigitday, bir keksa kishi oʻzining serzavq kulishi, ichishi, xullas, butun siymosi bilan koʻp odamlarning diqqatini oʻziga jalb etadi.

Salimboyvachcha oʻz yoniga bir xotinni oʻtqazdi. Xotinning yoshi oʻttizdan oshgan boʻlsa-da, upa-eligi, pardozi bilan yoshroq koʻrinar edi, u yelkasi keng, koʻkrakdor, loʻppi yuzli edi.
— Shampanskiy!— buyurdi boyvachcha.
— Kerak emas,— yolgʻonni rostday qilib dedi xotin.
— Yana nima kerak? Shirinlikdan nima?— mastlikdan ruscha soʻzlarni yarim-yorti gʻuldirab, soʻradi Salimboyvachcha.

Jamolboy lablarini yalab, betoqatlanib gapirdi:
— Durust, doʻndiqqina ekan. Abdishukur, imlang bitta oyimchani, u yoq-bu yogʻini kishi bilmas ushlab oʻtiramiz-da, keyin olib joʻnaymiz.
— Shu xotinning oʻrtogʻi bor edi. Yaxshi jonon. Qayoqqa yoʻqoldi ekan. Hali shu bilan birga edi-ya.
— Sizga-chi? Siz ham ayshdan chetda qolmang!
— Ikkalangizning mahbubangizni tomosha qilsak, bas.
— Be... taomni hidlagʻan bilan qorin toʻyadimi! — Jamolboy xotinga tikilib gʻuldiradi.— Madam, ich, ich. Xursand boʻlasan, ich. Apatoʻm gulaytga boramiz.
— Qiziq,— koʻzlarini qichiq suzib, xotin gapira boshladi,— sartlar yo sira ichmaydilar, yo bir ichsalar, ularni toʻxtatib boʻlmaydi. Umuman aziyatlar ajoyib xalq...

U, avval Salimboyvachcha, keyin boshqalar bilan choʻqishtirib shampanskiyni ichdi-da, yirik-koʻkchil koʻzlariga shoʻxlik va ishva berishga tirisha boshladi. Undan qoʻz uzmagan uch «sart»ning fikri va ehtirosiga hokim boʻlish uchun saxiy tannozlikning ingichka tomonlarini birin-sirin oʻrtaga otaverdi. U oʻz rolini qoʻlga oldi, ichkilikni oʻzi quyadi, ichishga zoʻrlaydi, ovqat va ichimliklar varaqasiga koʻz yugurtib, oʻz xohishicha tanlab, moʻl-moʻl buyuradi. Tinmasdan gapiradi. Soddaroq va begʻamroq, shu bilan birga haybatli koʻringani uchunmi, Jamolboyga koʻproq gap otadi, hazillashadi. Jamobloy uning ba’zi hazillariga yaxshi tushunmaydi. Qalin tilini chiqarib xotinga koʻrsatadi, kallasini tebratadi va Abdishukurga murojaat qiladi.
— Abdishukur, masxara qilyaptimi doʻndiqcha? Tilmochlik qiling.
— Yoʻq, es-hushi sizda, muhabbatingizning domiga tushdi,— javob beradi Abdishukur.
— Muhabbatni bilarmidi? Ilinji pul... Puling boʻlsa, hammaga yoqaverasan, onasi oʻpmagan malika qizlar senga quchoq ochadi. Bu zamon — pul zamoni. Soʻrang, doʻndiqchaning oti nima ekan?
— Anna, Anna,— dedi Abdishukur.

Shu vaqtda baland boʻyli, juda koʻrkam kiyingan, koʻzlari va oq nafis yuzlari kulimsiragan, butun andomi, siymosi durust oilada tarbiya koʻrganligini tasdiqlovchi yosh xotin Annaga yaqinlashdi, unga egilib, uzoq shivirlab bir nimani soʻyladi, soʻng ikkisi ham kulishdi, xotin ketmoqchi ekan, Jamolboy uning qoʻlidan dadil ushladi-da, bir qoʻli bilan boʻsh stolni oʻz yoniga surdi:
— Oʻtir, madam, oʻtir!— kafti bilan stulni tap-tap urdi.

Xotin bir minut taraddudlanib, soʻng jimgina oʻtirdi.

Anna Salimboyvachcha bilan mashgʻul boʻlganidan, oʻrtogʻining oʻtirganini sezmay qoldi. Keyin, ogoh boʻlgach, qoshlarini chimirdi, xoʻrsindi, koʻzlarida norozilik sezildi. Yana yangi ovqatlar, ichimliklar, laganchalarda anor va olmalar keldi. Ishrat qizib ketdi...

* * *

Yoʻlchi soyaboni koʻtarilgan izvosh ichida oʻtirar edi. Kuchli izgʻirin yuzning terisini shilganday, achitadi, quloqlarni kesadi, sovuqdan oyoqlarining barmoqlari uvushadi. Uning qorin och, ichaklarini bir nima yulganday, sovuq shamol ichiga kirib, butun ichini kemirganday... Qoq yarim kecha. Atrofda — mirshablar va baqirishgan bitta-yarimta mastlar, istisno qilinsa — boshqa oʻtkinchi, boshqa tovush yoʻq. Faqat shu yerdagina bir oz harakat bor. Izvoshchiklar kelib-ketib turadi. Xotinlar, erkaklar yot tilda chugʻurlashadi, kulishadi, yana bir zumda koʻchaga jim-jitlik quyuladi.

Jamolboyniig xizmatkori Joʻra aysh-ishrat, fahsh toʻgʻrisida koʻrgan, bilgan va eshitganlarini ancha vaqt soʻzlab: «Uxlayver, bu kun tongotar qilishadi xoʻjayinlar» deb oʻz aravasiga yumalagan edi. Ammo, oʻrganmaganlikdan, qorin ochlikdan, Yoʻlchining uyqusi kelmadi — Yoʻlchiboy, shu-shundamisan?— toʻrt-besh qadam naridan boʻgʻiq, mast ovoz eshitildi.
— Salim akami? Nima, ketamizmi?
— Shosh-shoshma!

Yoʻlchi yerga sakradi. Salimboyvacha qorongʻida daraxtni quchoqlab, uzoq oʻqchidi. Soʻng, chayqalib-chayqalib Yoʻlchining qoʻlini mahkam ushladi.
— Yur, yur xozir! A-arava turaveradi. Boʻb-boʻri yemaydi. U men-meniki, yur!— Yoʻlchining qarshilik koʻrsatishiga qaramay, oʻjar mast mahkam yopishib, sudrab ketdi.

Yoʻlchi koʻz qamashtirarlik yorugʻ va gʻovur-gʻuvurli zalga kirishi bilan boshi aylanib, sarosima boʻlib qoldi. Bu joy, undagi odamlar, asbob-uskunalar uning uchun tamom begona edi. Salimboyvachchaning orqasidan ketavermasdan, bir muddat eshik oldida toʻxtadi va uni koʻzdan qochirdi. Atrofga alanglab, boyvachchani qidirar akan, uni boshi bilan imlab chaqirgan Abdishukurga koʻzi tushdi. Uyalsa ham dadil yurib bordi, stulga oʻtirgach, koʻzlarini qayoqqa yashirishni bilmay qoldi. Ikki xotinning oʻrtasida oʻtirgan Salimboyvachcha bir stakan toʻldirib, uning oldiga qoʻydi.
— Ich, ovqatni ur!
— Men ichmayman, rahmat.
— Ichkilik boʻlsa Joʻra oʻzini tomdan tashlaydi. Koʻchada sovuqlagansan, ich, yigit!— dedi Jamolboy gerdayib.

Yoʻlchi ichmadi, ovqatga ham ishtahasi boʻgʻilgan edi. Sovib qolgan kabobdan bir six oldi. Ikki xotin — Anna bilan Mariya — Yoʻlchidan koʻz uzishmay, uning toʻgʻrisida shivir-shivir soʻzlashmoqqa, gavdasiga, kuch toʻla goʻzalligiga suqlanib boqib, ma’sumligidan, soddaligidan kula boshladi. Mariya stakanga shirin vinodan toʻldirib, oʻrnidan turdi-da, Yoʻlchining oldiga oʻtdi.
— Vino yaxshi, yaxshi,— stakanni oʻz qoʻli bilan Yoʻlchining ogʻziga tutdi.

Yoʻlchi vinoni hidlab, yuzini burishtirdi-da:
— Yoʻq!— boshini chayqadi u.

Xotin oʻjarlik bilan ichkizishga tirishaverdi. Abdishukur yordami bilan «ich» degan soʻzni oʻrganib, qistadi:
— Gerkules, ich, yaxshi vino...

Yoʻlchi bularga masxara boʻlmaslik uchun stakanni qoʻliga oldi-da, ikki qultumda boʻshatdi, labini artib yana sekin oʻtiraverdi. Xotinlar koʻkraklarini silkitib, qattiq kulishdi. Anna ham Mariyadan orqada qolishni istamadi. Stakanga vino toʻldirib bolani aldaganday, bachkana qiliqlar bilan Yoʻlchiga tutdi. Yoʻlchi qoʻlining keskin harakati bilan ichimlikni rad qildi-da, teskari burildi. Anna taklifni takrorlamaslikka majbur boʻldi.

Yoʻlchining orqasidan kimdir turtdi. Yigit yalt etib qaradi: baland boʻyli, yoʻgʻon, sersoqol, tekis sochlari moy surkalganday yiltiragan keksa rus uning orqasida turardi. U «eshikka chiq!» degan ma’noni qoʻl bilan ishorat qildi. Yoʻlchining boshidan olov quygandek tuyuldi. U qizarib oʻrnidan turarkan, Salimboyvachcha oʻtirishni qat'iy ravishda buyurdi va cholga bir nimalarni tushuntirdi. Chol «ixtiyor menda emas» degan kabi yelkasini qisdi-da, soʻng, birdan boʻshashib iljaydi.
— Oʻltiravering, chol ham choy chaqa oladigan boʻldi, — dedi Abdishukur Yoʻlchiga.
— Ichaylik!— Salimboyvachcha bir qoʻli bilan Annani qoʻltiqlab, ikkinchi qoʻli bilan stakanni simirdi. Jamolboy hali ham tetik. Oʻzining yoʻgʻon, goʻshtdor barmoqlari bilan goh Mariyaning ingichka, nafis qoʻlini, goh uning tizzasini silab qoʻyadi.

Ichkilik ta’sirida xotinlarning qiliqlari juda yengillashadi, koʻzlari, yuzlari yonadi. Tinimsiz gapirishadi, kulishadi. Abdishukurning kayfi baland boʻlsa-da, hushi hali oʻzida, mumkin qadar oʻzini hushyor tutishga tirishadi. Oz ichib, koʻproq ovqat yeydi. Hozir uning qulogʻi qoʻshni stulda, ikki rusning muhokamasida, ularning biri keksaroq odam, u yo chinovnik, yo katta savdogar, yoki ayni zamonda har ikkisi... Ikkinchisi oʻrta yoshlar, koʻzoynakli va kiyimga gʻoyat zeb bergan odam. Buni Abdishukur injenerga oʻxshatdi.
— Koʻrdingizmi, bu osiyoliklar vahshiy boʻlsalar ham, ba’zi bir fazilatlarga ega ekanlar, mana bu «sart» oʻz xizmatkori, balki quli bilan birga ichishadi. Demokratiya!— dedi injenernamo.
— «Sart»lar irq jihatidan, albatta, past,— tarelkadagi goʻshtni pichoq bilan kesa turib gapirdi chinovnik,— ular madaniyatga mutlaqo qobiliyatli emas. Yaqinda bir professor ilmiy jamiyatda bu da’voni juda yaxshi isbot qildi. Bilasizmi, men bu issiq mamlakatda yigirma yildan beri yashayman. «Sart»larning psixologiyasini yaxshi oʻrgandim. Ular irqan past. Leqin bunga qaramay, ba’zi xususiyatlarni koʻrsatadilarki, buni fan hali oydinlata olmaydi. Mening mushohadamga qaraganda, ularda, masalan, badiiy sezgi ancha oʻsgan. Ular gulni sevadilar. Kiyimlari chirkin boʻlsa ham, quloqlariga gul qistirib yuradilar. Ashulani, oʻyinni juda yoqtiradilar... Lekin, ularning hammasi qoʻrqoq, hammasi ayyor. Ularning orasida oz-moz samimiy bironta odamni uchratganim yoʻq, ishonasizmi?
— Ba’zi vahshiy xalqlarning, masalan, negrlarning musiqiysini, kuylarini maqtaydilar. «Sart»larniki qalay?— soʻradi injenernamo.
— Qoʻllariga bir lagancha, yo patnis olib baqiradilar. Bundan siz va men oʻn chaqirim nariga qochamiz,— stakanni boʻshatib, lablarini oppoq sochiq bilan soqol aralash artib, gapirdi chinovnik.— Lekin, ular boshlarini bukib, mutlaq sukut bilan tinglaydilar. Bir necha musiqiy asboblari ham bor. Gʻoyat ibtidoiy. Yana ahmoqlarcha odatlari bor: yerda oyoqlarini bukib oʻtiradilar. Bizga bu narsa katta bir azob. Ularga rohat emish! Boy boʻlsin, kambagʻal boʻlsin, baribir, «sart»ning uyida bitta piyolasi boʻladi. Ikkita qilsa, odat buziladi ham katta gunoh hisoblanadi!..
— Vasiliy Ivanovich!— vinoni ichib, bifshteksdan kichkina boʻlakni ogʻziga tashlab, soʻzlay boshladi injener,— bilasiz, men bu yerda yangiman, yaqin oʻrtada joʻnashim mumkin. Lekin Toshkentning osiyo qismini koʻrganim yoʻq hali. Yolgʻiz borishga, toʻgʻrisini, aytsam, qoʻrqaman. Chunki, «sart»lar siz deganingiz kabi, gulni, ashulani qanchalik sevmasinlar, har holda vahshiy xalq. Vahshiy xalqlarda qonxoʻrlikka tamoyil zoʻr boʻladi. Bu—shubhasiz haqiqat! Kecha Peterburgdan xat oldim. Xatda xotinim naq shu masala toʻgʻrisida gapiradi, mening toʻgʻrimda xavflanadi, ehtiyot boʻl, deydi. Shuning uchun «sart»larning shahriga kim bilan borishimni bilmayman, sizning vaqtingiz musoida qiladimi, birga tushar edik?
— Juda yaxshi, men tayyor,— javob berdi chinovnik,— sizga oʻrta asrni, balki undan avvalgi davrlarni koʻrsataman. Vahshiy, lekin goʻzal manzara!.. Ayniqsa, siz uchun, peterburglik uchun!.. Peterburgga qaytganingizda oʻz taassurotingizni poytaxt xonimlariga soʻzlab bersangiz, ajib bir poema kabi tinglajaklariga shubha qilmayman.

Abdishukur «sart»lar hayotini oʻrganishga maroqlangan bu peterburglik ziyoliga ba’zi ma’lumotlarni muloyimlik bilan tushuntirishni istasa ham, lekin buning uchun imkon topmadi. Endi uning diqqatini oʻz stolida paydo boʻlgan yangi ovqatlar jalb etdi.

Salimboyvachchaning kayfi — mastligi haddiga yetgan. Ammo u endi oz ichsa ham, ovqat, ichimliklarni avvalgidan koʻproq buyuradi. Stolda shishalar, har xil asboblar qalashib yotadi. Anna bilan Mariya ikki boyning pinjida, noz qiladilar, kuladilar, ichadilar va ichishga majbur qiladilar, ba’zan noz bilan koyiydilar, ba’zan erkalaydilar.

Katta zaldagi shovqin-suron, muzika, ichimliklarning, xotinlar pardozining hidi Yoʻlchining boshini aylantirdi. U atrofiga qarab, yuzlarcha odam orasida oʻzi kabi bironta kishini koʻrmadi. Bu yerda xursandchilik qilgan odamlar har bir jihatdan unga begonadirlar. Hammaning koʻzi unga qadalganday, hamma unga boqib: «Nima qilib oʻtiribsan, joyingni top!» deganday tuyuladi. Hali chol uning yelkasidan turtib eshikni koʻrsatgandayoq, uning koʻngli chil-chil boʻlgan, bu yerda bir minut qolgisi kelmagan edi. Hozir qanday qilib qochishni bilmas, u oʻz ichida bu yerga mastlik bilan sudragan Salimboyvachchani va unga boʻysungani uchun oʻzini soʻkar edi. Nihoyat irodasini toʻpladi-da, stoldagilarning koʻzlarini shamgʻalat qilib, oʻzini sekingina eshikka oldi, gʻizillab koʻchaga otildi. Yuziga urgan sovuq shamol boʻsadek yoqimli sezildi. Qorongʻida sokin turgan otning boʻynidan quchoqladi, barmoqlari bilan yolini taradi va boshini silab: «Sovuqmi, sovuqmi? Aynalay!» — dedi.

IV

Yoʻlchi ertalab uygʻonarkan, yirik qor parchalari xizmatkorxonaning kichkina derazasiga urilar, uning siniq oynasidan uy ichiga ham uchab kirar; nam taʼsirida eski namat qoʻlansa is tarqatar edi. Yoʻlchi oʻrnidan turib yelkasita eski yupqa paxtalik choponni tashladi, deraza orqali koʻringan bir parcha koʻkka qaradi, yuragida qandaydir bir boʻshlik, hayot bilan robitasizlik sezdi. Qoʻnji ukpa, yuzi toshdan qattiq qandaydir qalin, qoʻpol charm bilan qoplangan, Yormatgami, yo boshqa bir sobiq qarolga uzoq ish berib, iyigʻi chiqqan, poshnasi qiyshiq etikni kiydi, belini bogʻladi, otxonaga chiqib, goʻngni toʻpladi, oxurlarni tozaladi. Jodida beda qirqar ekan, Yormat keldi. Ertaga nikoh boʻlgani uchun arava kerakligini, xoʻjayin bir-ikki kun shaharda qolishga buyurganini bildirdi. Aravakash otni egarlab, eshikka olib chiqayotganda, qayrilib Yoʻlchini chaqirdi:
— Katta oyimning yumushlari bor ekan. Menga buyurgan edilar ishim zarurligidan, sizni koʻrsatdim. Siz uchrashing. Unutmang!

Yoʻlchi Mirzakarimboyning ichkari hovlisi yoʻlagiga kirib, eshikning halqasini qoqdi. Ichkaridan yugurib chiqqan bolaga: «Katta oyingni chaqir!» dedi. Sirtiga qora duxoba qoplagan koʻrkam poʻstinli, boshiga yung roʻmol oʻragan yumaloq kampir, sovuqdanmi, yo koʻkrak xastaligidanmi, harsillab keldi.
— Esonmisan, Yoʻlchiboy?
— Toʻy mubarak, oyi! Menda yumushingiz bormi?
— Ha, san, izvoshni qoʻsh— ovozini pasaytirib, deyarli shivirlab gapirdi Lutfiniso,— bir yerda nafasi benihyat oʻtkir domla bormish. Nuri u kishiga borib dam soldirib keladi. Zinhor hech kimga ogʻzingdan chiqarma, togʻang bozorga ketdi, hozir olib borganiig yaxshi.
— Xoʻp, xoʻp.

Yoʻlchi orqaga qayrilarkan Lutfiniso yana chaqirdi:
— Hoy shoshma, munda kel! Aravani orqa koʻchaga olib chiq, Nuri oʻshanda tushsin. Mahalla odamlari qursin,oʻtirsa oʻpoq deydi, tursang soʻpoq, uqdingmi?
— Xoʻp oyi, hozir tayyor qilaman..

Yoʻlchi izvoshga otni ildam qoʻshib tegishli joyda Nurini kutib turarkan, shunday xayolga botdi: «Bu narsa Nurining hiylasi emasmikin? Domlaga dam soldarish, albatta, bahona... Qiz men bilan uchrashishni istagan. Meni sevishi toʻgʻri. U juda dadil va ayyor qiz. Uning qoʻlidan har qanday ish keladi. Hozir meni bir yerga sudraydi. Nima qilaman, qanday nasihat qilishim kerak?.. Bordi-yu, u birdan shunday desa: «Men seniki, otam, onam zoʻrlab bir boyvachchaga uzatadi. Men sendan boshqani xohlamayman, bogʻda bir kechasi nima degan edi! Yoʻl koʻrsat, nima qilamiz?» Shunday voqealar boʻlgan-ku axir...

Yoʻli goh bunga shubhalanadi, goh ishinadi. Fikr va xayollari uchib, allaqanday sarguzashtlar manzarasini chizadi. Lekin yuragi ajib, qiziq, aldamchi, yorqin koʻringan bunday sarguzashtlarga berilshini istamaydi.— U qorni shiddatli elagan toʻniq koʻkka qaraydi, xoʻrsinadi...

Mana qarshi koʻchadan toʻq qizil shohi paranjida Nuri shoshib-pishib chiqdi, atrofga qarab, hech kimni koʻrmagandan soʻng, chachvonni ochmasdan, Ylchiga yaqinlashdi.
— Yulchiboy aka, qaerda jim boʻlib ketdingiz, dalada hali ham ish bormi?
— Ishdan qoʻl boʻshaydimi. Ixtiyor menda emaski,istaganimcha kezsam...—dedi ohista Yoʻlchi.
— Kutilmagan vaqtda toʻyim boʻlib qoldi... Haytovur toʻyimga yetib kelibsiz, eshitib juda sevindim...—Jaranglatib kuldi-da, yana atrofga qarab qoʻydi Nuri.
— Chiqing aravaga!— dedi xomush boʻlib Yoʻlchi.
— Toʻxtang, boshlab boradigan xotin chiqsin.

Nuri izvoshga oʻtirda va shikoyatlandi:
— Aksiga, qor yoqqanini qarang. Shu vaqtda domlaga borish nimasi! Har balo oyimdan chiqadi. Irim-chirim boʻlsa bas... Uyda issiqqina oʻtirgandim, xudoy koʻtarsin domlani...

Yoʻlchi uch-toʻrt minut ilgarigi oʻylari, xayollari, tashvishlanishlarni eslab, oʻzini tuta olmadi, birdan xaxolab kulib yubordi.
— Nimaga kulasiz?—Nuri shubhalanib soʻradi. Yoʻlchi bir zum nima javob berishni bilmay qolda, soʻng dedi:
— Qoʻyavering. Dunyoda nima koʻp—kulgi koʻp. Bir qiziq narsa esimga tushdi, opa.

Nuri boshqacha tushundi.
— Ha, bilaman. Endi doim eslab-eslab kulaverasiz, mayli.
— Yoʻq. Unday oʻylamang.

Churuk paranji yopingan bir xotin uzoqdan shangʻillab kelaverdi:
— Qor ham qursin, kavushim ham qursin. Nurioy, xurmachaning tagini xoʻp yalagan ekansiz-da.
— Yoʻq, Xayri xola, sira yalamasdim.
— Izvoshlaring shunaqa yumshoqmi-a? Naq baxmal toʻshakday, jonning huzuri-ya,— Oʻtirgan zamon shangʻilladi xotin.

Yoʻlchi «Xadra»dan, «Oxun guzar»dan oʻtib, xotinning koʻrsatishicha, torroq koʻchaga kirdi, bir xaroba uyning shalaq eshigi oldida otni toʻxtatdi.

Tomlarda, daraxtlarda qor ancha qalinlashgan. Yana shiddat bilan yogʻishda davom etadi. Koʻchada bolalar koʻp. Aksarining ust-boshi yupun, mahsilarining yirtiqlaridan kir paytavalari osilib turadi, kimlarda poxol tiqilgan eski kalish, kimlarda jagʻi yirtiq kavush, lekin ular shod. Birinchi qor atrof manzarasini oʻzgartib, ularga yangi oʻyinlar keltirgan. Qiy-chuv, soʻkish, baqirish, xoxolash koʻkni tutadi. Ular ikkiga boʻlinib «qorboʻron» oʻynaydilar. Qordan kichkina yumaloq yasab, dumalata-dumalata, oʻz boʻylaridan baland, katta kurra yasaganlar. U juda ogʻirlashgan. Besh-oltita boʻlishib arang qoʻzgʻatadilar. Barmoqlari achishadi, dam-badam ogʻizlariga, qoʻltiqlariga tiqadilar, puflaydilar...

Yoʻlchini bir nafas tinchsizlangan haligi xayollardan endi iz ham yoʻq. Unga endi hamma narsa ravshan, yaqin-dagina, seni yaxshi koʻraman, deb uning boʻyniga osilgan qiz, bu kun uning oldida taqdirga tan berganligi haqida bir ogʻiz uzr aytish emas, yo butunlay sukut qilish emas, hayosiz bir suratda oʻz quvonchini bildirdi. Yoʻlchi uning har bir soʻzida, ovozida, kulgisida quvonch ham taqdirdan rozilik sezdi. Bu narsa kambagʻal yigitning izzat-nafsiga tekkan edi, albatta. Lekin qizning sevgisiga ilgaridan shubhalangandi, oʻz koʻnglida ham u qizning muhabbati yonmagani, Mirzakarimboy xonadonida oʻz vaziyatini yaxshi bilgani uchun, aqlli Yoʻlchi bu hodisaning tabiiy ekaniga chuqurroq ishondi, koʻnglida bir lahza uchgan behuda, aldamchi xayollardan qutuldi. U hozir bolalarning shoʻx, jonli, qaynoq oʻyinlarini tomosha qiladi. Oʻzining kechmish bolaligi, qishlogʻi, oʻrtoqlari yodiga tushadi. U ham yaqinda kichkina, olovday bola edi. U, hamma qishloq bolalari kabi, yoshlikdan mehnatga kirishgan boʻlsa-da, ammo oʻyinlarga ham vaqt topar edi. Xususan, qish chogʻlarida... Faqat bunday tor, siqiq koʻchada emas, keng maydonda, shovqin-suronli qish oʻyinlari — baland tepadan oynadek sirpanishlar, dumalashlar, chanalarda uchishlar...

Kaftda siqila-siqila qattiqlashgan, tuxumday qor «yovga» tegmay, adashib, Yoʻlchining boshini yalab, doʻppisini qiyshaytirib oʻtadi. Bolalar kulishadi. Yoʻlchi ham samimiy kuladi. Uning koʻngli ochiq, sodda yigit ekanini bilib bolalar birin-sirin yaqinlasha boshlaydilar. Hammasining koʻzi otda va izvoshchida, ularning koʻzlarida yongan orzu: izvoshga oʻtirsalar, otni qattiq choptirib, «poʻsht-poʻsht!» bilan shaharni aylanib chiqsalar, hammani hayron qoldirsalar... Ba’zilari otga tegajaklik qiladilar, ba’zilari aravani ushlab, silab qoʻyadilar,— nimadan yasalgan?
— Necha pulga olgansiz?— soʻradi qora, shoʻx bola.
— Egasidan soʻra, men qaydan bilay,— kulib javob beradi Yoʻlchi.
— Izvosh oʻziniki boʻlsa, shunaqa kiyim kiymasdi,— bolalarcha haqgoʻylik bilan tushuntirdi ikkinchi bola.
— Shu yerdan, naq shu yerdan Shayxantovurgacha qanchada borasiz?— biri jiddiy soʻraydi.
— Koʻz ochib-yumguncha.
— A, bizani boqqachi?— hovliqib soʻraydi boshqasi.
— Bogʻingizning qatta ekanini bu kishi biladimi? — deb birdan xaxolashadi bolalar. Yoʻlchi ham butun azamat gavdasini silkib kuladi.

Churuk paranjili xotin, ovozini barala qoʻyib, qorni, kavushini qargʻab, Nuri bilan birga domlanikidan chiqdi. Nuri oʻtirmasdan ilgari, qoʻsha-qoʻsha oltin bilaguzuk taqqan bilaklarini chiqarib, paranjini tuzatdi. Xotin valdiradi:
— Nurioy, oyingizdap toʻrt gazgina chit olib berasiz, albatta. Lozim qilib kiyaman, unutmang. Xudoyo kuyov bola bilan qoʻshaqaring!
— Xoʻp dedim-ku, ming marta gapirasizmi?—dedi siltab Nuri.
— Shu ukamga ham xudo yaxshi qiz ato qilsin!— yana valdiradi xotin.
— Toʻylarida man ham xizmat qilay...— kulib dedi Nuri.

Yoʻlchi bu soʻzlarni eshitmaganday boʻldi. Ayollar oʻtirishgach, uzun qamchini havoga koʻtardi: «chuh!»

Qor aralash shamol uning yuziga keskin urdi. Quloqlarida orqada qolgan bolalarning ovozlari yangradi:

Yomgʻir yogʻaloq,

Echki tugʻaloq.

Boyning qizining

Qorni yumaloq...

Yoʻlchi qaytab, zax uyga — xizmatkorxonaga kirdi. Uyning devorlaridan nam, mogʻor hidi va sovuq esadi. U qish chogʻi boshpanasiz qolib, iliq joyni qidirgan shoʻrliklar singari bir burchakka tiqildi. Qor va shamol kuchaya borda. Tashqarida qishni va qorni sogʻingan qargʻalarning qagʻillashlari...

Nuriniso esa ichkari hovlidagi toʻrt uydan biriga — onasining uyiga kirdi. Chunki bu uy xoli edi. Boshqa uylarda qarindosh-urugʻlar va nikohni poylab yotgan toʻyparast, daydi, turli xotinlar bor edi. Qiz domlaning «oʻtkir nafasi» tekkan bir siqim choyni, roʻmolchaga tugilgan qandni, goʻshangada kiyilajak yurqa oq koʻylakni (bunga ham domlaning «nafasi» tekkan!) va bir parcha qogʻozning yuziga qora, quyuq siyoh bilan oʻng-teskari, qandaydir, xarflar yozilgan va ikki tomonning koʻngliga «oʻlmas muhabbat» soluvchi «ezibichki»ni birga qoʻshib, roʻmolchaga tugib, ertaga unutmaslik uchun, belgili joyga qoʻydi. Soʻngra, nima bilan shugʻullanishni bilmay, uy ichida aylandi. Toʻy munosabati bilan oʻziga atab yasalgan toʻqqiz duxoba va toʻqqiz har xil shohi koʻrpani tomosha qildi. Ular yerdan shipga yetarli qilib taxlangan... Bir tomondan qor tepaday uyulgan oppoq par yostiqlar.... Kuyovnikidan kelgan sarpolar kecha xotinlar orasida ochilib, moʻlligi, rang-barangligi, toza, asilligi bilan hamma xotinlarning koʻzlarini qamashtirgandan soʻng, uning koʻzidan ham alohida kechirilgan edi. Buncha sarpo kelishini Nuri esga olganmidi? U sarpolarning ovozasi, kecha koʻrib ketgan xotinlar orqali, endi butun Toshkentga boʻlmasa ham, har holda shaharning yarmiga tarqalgan!.. U, mollarning hammasi sandiqlarga joylangani uchun ham, unday buyumlardan oʻzida ham oʻsha miqdordan koʻproq boʻlgani uchun qayta koʻrishni istamadi. Faqat ingichka, uzun zanjirli, kichkina, lekin gʻoyat chiroyli, moʻ'jaz qopqogʻida brilliantlar yongan oltin soatni olib, tomosha qildi. Chunki quti har nav oltin-kumush bezaklarni koʻrgan boʻlsa-da, shu vaqtgacha soatsiz edi. Soat olish oʻzining ham, onasining ham esiga aslo kelmagandi.

Nuri oltin zanjirni boʻyniga osdi, soat koʻkragidai pastroqda yulduzdek yarqiradi. Qulogʻiga tutdi: «chiq, chiq». Lekin savodsizga kitob hech nima demaganday, soat unga hech nima koʻrsatmadi. Kecha borganda oʻrganib olishga qasd qilgan boʻlsa ham, keyin bu fikrdan kechgan edi: «Koʻrkam bezatilgan uyda kuyov-kelin oʻynashib-kulishib oʻtirganimizda, oʻzi oʻrgatib qoʻyadi!..»

Xayollarga, umidlarga koʻkragi toʻlgan Nuri, oshiqqani, itilgani baxt bilan oʻzi orasini ayirgan bir kunni qanday kechirishni bilmasa-da, onasi, kelinoyilari va boshqa qarindosh xotinlar orasiga kirsa, qabul etilgan tashqi odob va nazokatga muvofiq darrov boshqacha bir tus olishga tirishar edi: goʻyo toʻyning umumiy nash'asiga qoʻshilmaganday koʻrinadi, yuzida qaygʻulanish, ota yurtidan ketayotgani uchun oʻksinish hislarini beradi, koʻzlarini xasta noziklik bilan suzadi. Ba’zan bu rolni juda qiyinlik bilan bajaradi, keyin yolgʻiz qolganda oʻzi qotib-qotib kulada. Lekin kelinoyilari va yaqindan taniydigan xotinlar bu holni hiyla va shaytonlik ekanini yaxshi anglasalar ham, hovliqma, laqma-engil Lutfiniso bunga chindan ishonar, astoydil xafalanar, kim koʻrinsa shunga koʻz yoshi qilar edi.

Eshikni ohista ochib, tanchaga solish uchun qoʻlida bir xokandoz toʻla laqqa choʻgʻ bilan yosh qiz kirdi. Bu — Yormatning qizi Gulnor edi. Nafis, nozik, ma’sum bir qiz... Boʻyi yoshiga qaraganda balandroq, lekin butun gavdaga mutanosib. Bolalarcha kulimsiragan va yuqoridan pastga tobo mayin ingichkalashgan oq, tiniq yuzi, qalam bilan chizilgandek ingicha, ma’nodor qoshlari, uzun, quyuq kipriklar orasida yongan yirik qora koʻzlari bor edi. Bu koʻzlarda tuygʻunlik, olijanoblik, koʻngilning bahoriy tozaligi, iliqligi va qandaydir, parmshon xayolchanlik jilvalanar edi. Ammo, Gulnorning kiyimi choʻri qizlarniki kabi edi: boshida eski, toʻzigan qizil shol roʻmol, egnida paxtasi yupqa solingan yoki, yuvila-yuvila yupqalashgan kaltagina qora lipis kamzul, etaklari gʻijimlangan, rangi aynigan chit koʻylak. Moʻ'jaz oyoqlarida mahsi ham yoʻq...
— Nura opa, zerikmadingizmi?—deda tanchaga oʻtni agʻdarib Gulnor.
— Yurak-bagʻrim qon boʻlib ketdi,— qovogʻini solib bobilladi Nuri,— ertadan beri yolgʻiz oʻtiribman. Sen oʻlgur bu uyga bir marta ham boshingni tiqmading. Choy ichmadim, ichimga tuz ham kirmadi.
— Allaqayoqqa borib, hozir keldingiz-ku. Nega yashirasiz?—dedi kulib Gulnor.
— Hamma narsaga razm solib, kavlab yurasan-a, pismiq!— jerkib tashladi Nuri.— Tez boʻl, yuz-qoʻlimni yuvishga issiq suv ber!
— Suv tayyor, hozir beraman,— qoʻrqmay, lekin itoat bilan gapirdi Gulnor.— Nima qilay, Nuri opa, tong qorongʻisidan beri menda tinim yoʻq. Ikki uy toʻla xotin, betoʻxtov choy ichishadi. Yana ovqat tashiyman, bolalarga qarayman. Tashqari hovlini yigʻishtirdim, katta oyim buyurgandilar...
— Tashqarida dadam bormi?
— Yoʻq. Xizmatkorxonada Yoʻlchiboy aka bor ekan,— dedi tabassum bilan Gulnor. — Men bilmabman, bir vaqt koʻzim tushib qolib, yugura qochdim, eshikka urilib boshimni yoray dedim.
— Joʻrttaga koʻringansan, yosh boʻlsang ham balosan...— teskari qarab, labini burishtirdi Nuri.

Gulnor aytganiga pushaymon qildi, xatosini toʻgʻrilash uchun soʻzlamoqqa majbur boʻldi:
— Oʻla qolay, opajon, nahotki men joʻrttaga koʻrinsam... Shoshmang, boshidan-oyoq gapirmasam, ishonmaysiz...— Gulnor tanchaga suyalib choʻqqaydi va soʻzini davom ettirdi:—Tashqari hovlida hamma uylarni yigʻishtirdim, koʻrpachalarni hovliga olib chiqib qoqdim. Bu yoqqa tashib ovora boʻlmayin deb, idish-tovoqlarni tashqari hovlida yuvdim, artdim. Bir vaqt, munday qarasam, xizmatkorxona derazasidan Yoʻlchi akaga koʻzim tushdi. Yugura turib, eshikka qarab qochdim. Mana shu. Joʻrttaga! Nega joʻrttaga?
— Ilgari koʻrganmiding?— sinamoqchi boʻlib soʻradi Nuri.
— Uzoqdan bir martami, ikki martami koʻrib qolgandim.
— Senga yoqadimi?
— Qoʻying shunday gaplarni!— Gulnor qizarib, tezgina uydan chiqdi. Nuri yolgʻiz qolarkan, yozning issiq chogʻida ishkomda kechirgan bir necha minut va kuzning oydin kechasidagi qoʻrquvli, lekin uning uchun eng totli damlar yodidan oʻtdi. U chogʻlarning lazzatini shunda yana bir qayta tatigandek, lablari titradi, yuragi urdi. Ammo bir ozdan soʻng butun vujudini birdan vahima bosdi: qanday qilib u oʻzini saqlab qoldi? U ishq oʻyiniga butunlay berilmoqchi ekan, otashin orzularning sehri bilan u koʻr ekan, kimning nomusi, kimning aqli, kimning sabri, ogʻirligi uni sharmandalikdan qutqarib qoldi? Agar yigit ham yengillik va shoʻxlikka berilsa edi, bu toʻy boʻlarmidi? Yoʻq! U yo oʻz-oʻzini oʻldirardi, yo xizmatkor yigit bilan bir yurtga qochib, kambagʻallikda, non gadoyi boʻlib yashardi. Butun umrga ota-onasidan, akalaridan voz kechardi... Nuri uzoq oʻylagandan keyin, sevinib entikdi va oʻz ichida shunday dedi: «Man koʻr ekanman, kambagʻal boʻlsa ham koʻzi ochiq, nomusli yigit ekan. Uning bitta qusuri — kambagʻalligi. Koshkiydi u boyvachcha boʻlsa...»

* * *

Nikoh toʻyi favqulodda suronli va tantanali boʻldi. Namozasrga yaqin kuyov katta olomon bilan keldi. Toʻrt karnay, olti surnayning shovqini koʻkni tutdi. Dongga oʻch boyvachcha kuyovlar nikohga, odatda, qoʻsh karnay, qoʻsh surnay bilan kelishardi. Qishning izgʻirinli kuniga qaramay, hamma tomlar boshlariga paranji yo choponni nari-beri yopgan xotinlar, qizlar bilan toʻldi. Hatto erta-kech tanchaning bir tomonini band etishdan oʻzga ishga yaramagan zabun kampirlar ham past, qingʻir-qiyshiq devorlarga tirmashib boʻlsa-da, bu «xon taqlid toʻyni» tomosha qilishdan oʻzlarini tiya olmadilar...

Qadimning qoidasiga muvofiq, har ikki tomonning shumtaka bolalari koʻchada bir-birlarini qorga dumalatib, bir nafas mushtlashib oldilar. Mahallalarining «izzat-nafsi» va «or-nomusi» uchun shunday paytlarda oʻzlarini sher hisoblaydigan, har noma’qulchilikka koʻrlarcha otiladigan ba’zi yigitlar mushtlariga tupurib bir-birlariga koʻz olaytirarkan, keksalar payqab qolishdi-da, otalarcha koyish bilan bosdi-bosdi qilib qoʻyishdi.

Kuyov, ahli rasta olifta boyvachchalar orasida odatga muvofiq oʻzini yashirib, dangʻillama darvoza tomon yurdi. Boyning katta hovlisida, mutlaq sukunat ichida, qari imom nikoh oʻqidi. Kuyov boshidan moʻl-moʻl sochiqlar sochildi. Keyin kuyov tomon ajoyib soʻzanalar, qimmatbaho buyumlar bilan bezatilgan xonalarga taklif etildi.

Ziyofat, odatdagicha, tez tugadi. Kuyov uzun va keng zarbof toʻn kiyib, katta sallasiga koʻrkam oltin jigʻa qoʻndirib havoni titratgan karnaylar, surnaylar sadosi bilan oʻzinikiga ketdi. Ichkarini yana ayollar toʻldirdi. Lutfiniso iiqillab, harsillab qizini olib joʻnashga kirishdn. Nuri alohida xonada oʻz oʻrtoqlari — obroʻli oilalarning qizlari bilan oʻltirar edi. Uning egnida qadimona tikilgan keng, uzun oq shohi kuylak (qutli kunda «burma koʻylak» kiyishni onasi man etgan), boshida baytlar yozilgan katta «sanama» roʻmol, oyoqlarida ipakday mayin guldor mahsi, quvonchi koʻksiga sigʻmasa-da, nazokat va odob yuzasidan oʻzini xomush, hazin tutishga tirishar edi. Ba’zi qizlar nikoh vaqtida uning shoshganligidan kulishar ekan, u oʻzini soddadillikka solib der edi:
— Qaydan bilay, yana domla pochchamning jahllari chiqmasin, deb ikkinchi soʻroqdayoq javob berib qoʻya qoldim-da. Oʻzlariyam juda salmoqlanib soʻzlar ekanlar...

Lutfiniso dam oʻtmasdan kelib, yomon koʻzdan saqlasin uchun, isiriq tutattirar, goh qizini quchib yigʻlar, goh kulib, qizlarni oʻyinga, shoʻxlikka undar edi.

Nuri pochapoʻstinni kiyib, vazmin, zarbof paranjini yopinib, hovliga chiqqanda, katta hovli xotinlar bilan qaynar edi. Mirzakarimboy hayajonli, titroq tovush bilan qiziga fotiha berib, soqolini siladi. Nurini ayollar oʻrtaga olib, boshlariga katta qimmatbaho palak tutdilar. Yallachilar chirmandalarni urdilar, yuzlarcha xotinlarning «yor-yor» qoʻshigʻi yangradi. Shu qiy-chuv ichida Mirzakarimboy bilan xotini oʻrtasida bir oz achchiq-tiziq gap oʻtdi: Lutfiniso qizi bilan qoʻsh kelinini izvoshda yuborishni soʻradi.— «Axir, kimsan, falonchining qizi-ya!»
— El qatori aravada keta bersin!— dedi uzil-kesil boy.
— Voy, Alixoʻja boylardan nimamiz kam? Qizini qoʻsh argʻumoqli izvoshda yubordi. Qoʻqon aravaning doʻqiri qursin!— vaysadi Lutfiniso.
— Bas! — qichqirdi Mirzakarimboy,— manmanlik — xudo urganlik. Eski taomildan qolma. Yana zamon nozik. Xalq meni gap-soʻz qiladi. Boylar quturib ketdi, deydi. Sen buni tushunasanmi, noqisulaql!

Xotinlar qiy-chuv bilan yetti aravaga joylashdi. Kambagʻal urugʻ-aymoq, qoʻni-qoʻshnilar, toʻyda, azada semiradigan yurimsak ayollar qorongʻida turtinib piyoda joʻnashdi. Qizi, kelinlari bilan Lutfiniso oʻltirgan oldindagi soyabonli aravani Yoʻlchi mindi. Tosh koʻchaga chiqqanda, hangamani sevadigan Yormat oʻzishga tirishib, otini qamchiladi. «Arava poyga»ning gumburi, aravakashlarning qiyqirigʻi, ayollarning «yor-yori» bilan toʻy karvoni borarkan, qandaydir bolalar, oʻspirinlar yugurib chiqib, yoʻlga arqon soldilar. Yoʻlchi pishqirgan otini toʻxtatib qichqirdi:
— Katta oyi, qani, yigitchalarni xursand qiling.
— Xolajon, kattaroq choʻzmasangiz, sira yoʻl bermaymiz!— qichqirishdi yoʻl toʻsuvchilar.

Lutfiniso boʻgʻchadan ikki doʻppi olib, besh soʻm pul bilan uzatdi. Yoʻl toʻsuvchilar quvonib baqirishdi.
— Toʻy ustiga toʻy koʻring, xola!

Nariroqda choyxonadan yigitlar yugurib chiqib, belbogʻlaridan nari-beri arqon yasab, yoʻlni kesdilar. Shovqin-suron yana kuchaydi. Orqada Yormat gʻazab bilan baqirdi Yoʻlchiga:
— Bu qanday maynabozlik! Bosib-yanchib oʻtavermaysanmi!
— Toʻyning qizigʻi shunda-da,— jahl bilan qichqirdi Yoʻlchi.
— Himmatni baland qiling, ona!— Shovqin koʻtarishdi yigitlar. Lutfiniso iyib, ikki doʻppi va oʻn soʻm pul uzatdi.

Kuyovning mahallasida ham bolalar ikki yerda yoʻl tutishga tirishdilar, lekin eplay olmadilar. Aravakashlar xotinlarni yerga tushirib, Nuriga atoqlik mollar va har nav jihozlarni tashishga joʻnadilar.

Kuyovning hovlisi oʻrtasida katta gulxan yonardi. Qiz tomon gulxan oldida toʻxtadi. Qiy-chuv, chagʻir-chugʻur quloqni kar qiladi. Qizdirilgan chirmandalar havoni yangratadi. Toshkentning dong chiqargan yallachilari shoʻx, jonli qoʻshiq — «Olma-anoringga balli. Bogʻ-boʻstoningga balli»ni kuylab, gulxan tevaragida raqs etadilar. Nuri palak ostida, yosh ayollar bilan qurshalgan holda turar, qoʻshiqlarni zavq bilan tinglar, ba’zan yallachilarga yashirincha. moʻralab qoʻyar edi. Biroq, bu mahallaning shumtaka erkak bolalari «kelin chimchilash» degan eski odatga juda rioya qilishar ekan. Bir qarich tirranchalar xotinlar orasiga sekingina suquladilar-da, kelinni chimchilab qochadilar, Nuri gʻayri ixtiyoriy «ix» yoki «himm» deb tishini tishiga bosadi. Uning baxtiga, bolalar koʻpincha yanglishadilar. Kelin deb boshqa ayollarni chimchilaydilar. Ular chimchilovchilarni qargʻaydilar. Ushlab olsalar, uradilar...

Hovlida hangama tugagach, yarim kechaga yaqin Nurini bir toʻda xotinlar palak ostida, kattagina xonaga kiritdilar. Qiz tomon, odatga muvofiq, xonaning poygagini band etdi. Kuyov tomon ayollari esa uyning toʻrida, chimildiq-chodir yonida gʻuj turishdi. Yalpi shovqin bilan «tortishmachoq» boshlandi: qiz tomonda gubchakdek yum-yumaloq xotin belini belbogʻ bilan mahkam bogʻlab, oʻrtaga tushdi. Kuyov tomonda oriq, daroz, chayir bir xotin bel bogʻladi. Oʻzgalar — yosh-qari hammasi shu ikki ayolning belbogʻiga, etaklariga yopishdi. «Tortishmachoq» polvonlari yeng shimarib, bir-birlariga panja solarkan, oʻzga ayollar umumiy, kuchli «ha-huv» bilan tortishga kirishdilar. Nogahon qoʻllar uzilganda, tortishuvchilar orqaga tashlanib, bir-birlarining ustlariga yumalanadilar. Suron zoʻrayadi, yana turib hansirab tortishuvni davom ettiradilar. Kuch sinovda har ikki tomon astoydil kurashdi. Nihoyat, qiz tomon boʻsh kelmasa ham, umuman erkakning hurmati va uning ayoldan ustunligini tasdiqlash uchun picha yon berdi: kuyov tomon bir necha qadam surgandek boʻldi. Keyin qariyb butun xonani qoplovchi palakni ayollar boshlari uzra baland koʻtardilar. Oppoq chimildiq ichidan uzun zarbof toʻnni yopinib, kuyov chiqdi. Iyagida uch-toʻrt tola soqol koʻzga tashlangan, baland boʻyli, baquvvat, erkaksimon dallol kampir uni yetaklab palak ostidan qizga keltirdi. Kuyov Nurining oʻng qoʻlini ushladi, keyin quchoqlab yerdan uzdi va qoqila-suqula chimildiq tomon koʻtarib ketdi-da, duxoba toʻshakka sekingina oʻtqazdi, oʻzi ham shunda chordona qurdi. Nuri katta oq roʻmolini yuziga tushirib, boshini quyi solgan holda, noz qilgandek, sal burilib oʻtirdi. Uning quloqlari shangʻillar, koʻksini hislar toʻlqinlatar, yuragi qattiq urardi. Kuyov kimdandir ishorat kutgan, yoki uyalgan kabi, bir necha vaqt jim qoldi. Nuri, goʻyo oʻzi-oʻziga degandek, sekingina dedi: «Juda isib ketdim». Kuyov bir qoʻli bilan uning belidan quchib, ikkinchi qoʻli bilan roʻmolini koʻtardi-da, shivirladi: — Jonim, menga qarang. Xursandmisiz? Nuri koʻzlarini suzib, nozli tabassum bilan unga yuzini oʻgirdi. Choʻvak yuzli, siyrak, sargʻish moʻylovli, irjaygan quvgina yigitga bir oz tikildi-da, boshini asta quyi soldi va ichida xoʻrsindi.

Xona ichida shovqin pasaydi. Charchagan ayollar uyni toʻldirib, zich oʻltirishdi. Urf-odat va an'ana, goʻyo jadvalga yozilgandek ma’lum tartib bilan davom etdi. «Soch silash», «Oynaga boqish», «Tugʻdi-tugʻdi» va hokazo qariyb tongga qadar ermak boʻldi.

Qiy-chuv bilan oʻtgan nahorlikdan soʻng hovlida yana bazm boshlandi. Yallachilar davrani keng olib, uzoq oʻynadilar. Puldor xotinlar bir-birlaridan qolmaslikka tirishib, pul oʻgirdilar. Yallachilarning kuyi tashqaridagi erkaklarni — kuyovning oʻrtoqlarini toqatsizlantirdi. Ular eshik tirqishlaridan moʻralaydilar va qiya ochib, boshlarini suqadilar. Ba’zi shilqim boyvachchalar qoʻllaridagi shaldiroq qogʻoz aqchalarni havoda silkadilar. Lablarini yalab, raqqosalarni imlaydilar. Kampirlar yaqin borib qargʻashadi, quvlashadi.

Oʻyindan keyin kechagi soqolli kampir kelinni «salomga» olib chiqdi. Nuri quyoshda kumushday yaltirovchi banoras paranjida; yuzi qat-qat shoyi roʻmollar bilan yopiq, xonaning ostonasi yonida sal egilib turadi. Hamma xonalar va ayvonlardan xotinlar hovli sahniga toʻkildi. Soqolli kampir bir qoʻlini Nurining boshiga yengil qoʻyib, baland qalin tovush bilan, xuddi kuylagandek, soʻzlarni ohangdor choʻzib qichqirdi: «Assalom, assalom. Muhammad Mustafoga salom. Bibi Fotimamga salom, choryorlarga salom, aziz-avliyolarga salom. Qaynana-qaynatalarga salom. Ogʻa-inilarga salom...». Chol kaynata xasta boʻlganidan, kuyovning akasi tashqaridan kirdi. U yerga qarab, ildam yurdi. Erkakka yaqin qarindosh boʻlmagan hamma xotinlar teskari qarab, roʻmollari, qoʻllari bilan yuzlarini yashirdilar. Erkak yap-yangi, uzun qogʻoz aqchani kelinning boshiga qoʻydi-da, tashqariga ildam chiqib ketdi. Soqolli kampir pulni hayajon bilan kissasiga urdi-da, Nurining yuzini ochdi. Kelinning yuzlik roʻmollari xotinlar oʻrtasida talash boʻldi — «tabarruk». Nurining boshidan qaynanasi sochiqlar sochdi. Bolalar, kattalar chuvvos bilan ur-yiqit terishar ekan, horgʻin, beparvo qaragan Nurini kampir yana xona ichiga yetakladi.

Hovli sahniga, ayvonlarga «sep» yoyildi. «Sep»ning boyligi, turi, rang-barangligi hammani hang-mang etdi. Birin-ketin toʻxtovsiz ravishda keltirilgan taomlar, shirinliklardan keyin kechga yaqin Lutfiniso qizi bilan xayrlashdi. Nuri yurak sirini yashirishga qancha urinmasin, ona nimadir payqab, tinchsizlandi
— Nega bunday allanechuksan?— shivirlab soʻrada u.
— Oyijon, hech tashvish tortmang, charchadim, xolos,— javob berdi Nuri kulmoqqa tirishib.

Lutfiniso ba’zi nasihatlarni qizining qulogʻiga shivirladi-da, oʻzi bilan kelgan koʻp ayollar bilan uyga joʻnadi. Qudalari koʻrsatgan e’zoz va e’tibordan mamnun boʻlsa-da, uning xotiri parishon, koʻngli notinch edi.

V

Xarob uyning oʻrtasida qazilgan chuqurchaga oʻtin qalab, chuqurcha tevaragida Oʻroz bilan Yoʻlchi ogʻizlarini naq tutunga yetkazib toʻmpayib galma-gal puflashardi. Jiqqa hoʻl oʻtin yolgʻiz «pirs-pirs» qilib, achchiq zahar tutun buriqtiradi. Uydagi narsalarni bir-biridan gʻira-shira ayirishga imkon beruvchi «jinchiroq» ham koʻrinmaydi, uy ichi qalin tutun.
— Puf-puf...
— Puffa, puf. Uhoʻ, oʻhhoʻ!— yoʻtalish va puflash. Uyning toʻrida yetim oʻgʻilchasi Shoazimni oʻz bagʻriga olib, uxlatishga tirishgan Shoqosim xip boʻgʻilgan ovoz bilan xirilladi:
— Sovuq jonlaringni oladimi? Tutun boʻgʻdi-ku, eshikni ochinglar!
— Shoshmang, bu dardi harina oz-moz tutaqsin! Puf, puf, Uhu, ah. Tutun jigarimni ham titib yubordi!..
— Bas deyman, kofir qirgʻiz!— Shoqosim boʻgʻildi.— U oʻtin yonmaydi, saraton yuzini koʻrganda ham yonmaydi. Men oʻzim quruq oʻtin topib kelaman.
— Bas, Oʻroz, koʻzimni koʻr qildi tutun,— Yoʻlchi yum-yum yosh toʻkib, achishgan koʻzlarini ishqalab, turtina-turtina eshikni topib ochdi.

Bu uy ilgari bedaxona boʻlganidan, darchasi ham yoʻq, tokchasi ham yoʻq, toqisi ham yoʻq edi. Qop-qora is bosgan shipidan qamishlar osilib yotardi. Qamalgan tutun juda sekin taralmoqda edi. Yoʻlchi nafasini rostlash uchun, eshikka chiqdi. Osmon tiniq, qalin qor bilan qoplangan dalalar ustida yulduzlarning oltin gʻoʻzalari yorqin chaqnaydi. Har vaqtdagidan koʻrkamroq, tiniqroq koʻringan toʻlin oy samoning bir nuqtasida qotgan kabi... Uning nurlarida qishning poyoyasiz oq koʻrpasi mayda oltin uchqunlatib, hamma yoqni chuqur jimjitlik bilan oʻrab yotardi. Yalangʻoch daraxtlar mayda yulduzchalar bilan yongan qora ajib chiroyli koʻlkalar tashlaydi. Oydinli qish kechasi shunday goʻzal, shunday ulugʻvorki, hatto xizmatkorlarning xarob kulbasi ham, devorlariga kimningdir tomonidan yopilib, yigʻishtirilmay qolgan tappilar ham, allaqanday bejirim manzara yasaydi.

Yoʻlchi qotgan qorni gʻarch-gʻurch bosib, toza, muz havoni qamrab keza boshladi. Hozir uning koʻksi goh ogʻrituvchi, goh yupantiruvchi kechinmalar bilan, butun ruhiga singgan totli hasrat bilan toʻla edi. «Kimning qizi ekan?» deb fikran soʻroqlab yurgan u «begona qiz»ni endi taniydi. Lekin hali u goʻzal ham yaqin, ham uzoq!.. Yoʻlchi oʻzi uchun ovunchoq xayollariga berilib, sovuqnida sezmay tanho yurarkan, Shoqosim chikdi, koʻkka boqib, boʻgʻiq tovush bilan «yohu!» deb qichqirdi-da, oʻtin keltirish uchun qayoqqadir gʻoyib boʻldi. Yoʻlchi goʻyo uning ketishini kutib turgan kabi, tezda uyga kirdi. Uyda tutun yoʻqolgan boʻlsa-da, achchiq hid darrov uning burniga urildi.
— Eshikni ochsang, sovuq guvillayda, yopsang boʻgʻilasan, nima qilamiz, Oʻroz?— doʻstining yoniga chordona qurib dedi Yoʻlchi.
— Bu yerda itni bogʻlasang turmaydi. Bu ogʻil bosib qolmasa, deb qoʻrqaman. Lekin, xoʻjayinlarga baribir. Tom tagida qolib oʻlsak, san bilan maning xunimni ulardan kim da’vo qiladi!—qaygʻuli tovush bilan dedi Oʻroz.
— Oʻroz, shu kuningga ham shukur qila tur...— doʻstiga yana yaqinroq egilib dedi Yoʻlchi.
— Voy tentak, bundan yomoni boʻladimi?
— Shoshma, men sanga bir narsa gapiraman. Kallangga siqqanicha oʻyla, keyin maslahat ber,— Yoʻlchi ovozini pasaytirib soʻzlay boshladi,— bu yerga qaytishimda boy mani chaqirdi; dediki, Shoqosimga ayt, joyini topsin, man uni boʻshatdim, iloji boʻlsa, ertaga yuk ustiga mindirib, shaharga olib tushib qoʻy... Nima qilamiz, unga qanday bildiramiz?

Oʻroz bir uh tortib, uzoq vaqt sukut etdi, soʻng dedi:
— Xoʻjayin togʻang juda xudoy urgan odam. Uying kuygur, shuncha yil ishlatib, endi koʻchaga tashlaydimi? Qahraton qish boʻlsa!..
— Albatta, xoʻjayinniki nohak. Bolasi bilan oʻralib qoldi, endi ishlay olmaydi, deb oʻylasa kerak u...

Man shunday fahm qildim,— kuyunib soʻzladi Yoʻlchi.— Qish oʻtguncha sabr qiling, dalada bekor yotgani yoʻq, ish hali koʻp dedim.
— Pul berar ekanmi?— dedi Oʻroz.
— Oramiz ochiq, dedi xoʻjayin. Haqi boʻlsa, Shoqosim borib da’vo qiladi-da,— dedi Yoʻlchi.
— Ovqat, kiyimni emas, suvni ham hisoblaydi u qiztaloq... Yoʻlchi, san Shoqosimga hech nima dema. Man oʻzim erta-indin yotigʻi bilan tushuntiraman.— Bir nafas oʻylab, uh tortib davom etdi Oʻroz.— Bu odam devdek ishlaydi. Yolgʻiz hozirgi paytda tevarakdan bironta boyga toʻgʻrilab qoʻyish juda qiyin-da.
— Qish oʻchogʻi tor, qoʻp — uyingga bor, deydi keksalar,— dedi Yoʻlchi,— lekin sovuqda ota-bola qaerga boradi? Hammadan bolaga ogʻir. San atrofdagi boy dehqonlardan biriga tirkab qoʻy. Keyin, Shoqosimga bildir, shunday qil, boshqa iloj yoʻq.
— Toʻgʻri, atrofda boylar koʻp. Lekin ular hozir ogʻir shart qoʻyadi. Koʻklamgacha yuvindi bilan boqadi, olti oy yoz tekinga ishlatadi. Odamning kuchi eshak kuchidan past bahoga tushadi ularga!— Oʻroz isib ketganday, oʻralgan choponini yelkadan tushirdi va miltiragan «jinchiroqqa» tikilib jim boʻldi. Uning ikki qosh oʻrtasi tugunchak — u oʻylar edi.

Burchakda yotgan bola uyqusirabmi, yo sovuqdan uygʻonibmi, achinarli tovush bilan «dada!» dedi. Yoʻlchi oʻrnidan irgʻib turib, bolaning yoniga bordi.
— Uxla, uxla, aylanay polvon boladan!— erkalab bolaning boshini siladi Yoʻlchi.
— Toʻydan shu bolaga atab bir kap shirinlik ham keltirmabsan,— dedi Oʻroz.
— Toʻyi qursin. Ertaga shahardan holva sotib olib chiqaman bunga,— bolaning yelkasini ona kabi mehr bilan asta-asta qoqib dedi Yoʻlchi.

Sovuqdan qaltirab, bir quchoq oʻtin bilan Shoqosim keldi.
— Yasa gulxanni, qoq quruq oʻtin...

Uch kishi chorchoʻp atrofiga oʻtirib, oʻt qalashdi. Saraton koʻrgan quruq oʻtin shatirlab yona boshladi, devor va ship ham yongan kabi, shafaqlandi. Gulxanchilarning dala shamoli bilan qovjiragan yuzlariga tiniq qizillik yugurib olovlandi. Hali sovuqdan qisilib-bujmaygan gavdalar endi oʻzini qoʻydi, yayradi.
— Bir xotin «jon er, jon olov» degan ekan. Toʻgʻri aytgan.
— Qish kuni gulxan kambagʻal uchun ham chopon, ham toʻshak, ham palov.
— Kechqurun dalada olisdan oʻt koʻrsam, ovulim esimga tushadi,— ma’yuslanib dedi Oʻroz.
— Har kimning oʻz elati oʻziga shirin,— Oʻzi-oʻziga gapirganday dedi Yoʻlchi.
— Qani, qirgʻizim, doʻmbirangni ol,— dedi Shoqosim, olovga qarab sevinib,— Oʻlaningni choʻz. Ungacha choy qaynaydi.

Oʻroz tepadagi qoziqdan doʻmbirani oldi, dastlab berilmasdan chertdi. Keyin, muzikaning va koʻngliga singan kuylarning sehriga berilib, koʻzlarini chirt yumgan holda, zavq bilan chaldi, kuyladi. Bu kun u ayniqsa hazin, yurakni ezuvchi, ruhning qaygʻularini, intizorliklarini koʻzlardan qatra-qatra tomdiruvchi kuylarni kuyladi. Yoʻlchi ham Shoqosim boshlarini yengil tebratib, tingladilar.

Olov chetiga qoʻyilgan qora qumgʻon shaqillab qaynab toshdi. Yoʻlchi ehtiyot bilan qumgʻonni olib, bir chimdim choy soldi. Piyolalarni yuvib-artib quya boshladi.
— Bir hovuch mayiz boʻlsa, rosa bazm boʻlardi-da!— Yoʻlchidan piyolani olarkan, oʻz-oʻziga gʻungʻillab dedi Shoqosim.

Oʻroz doʻmbirani chetga qoʻydi. Gangir-gungur suhbat bilan choy ichildi. Bu kecha Shoqosim juda xursand edi. Tinmasdan qiziq narsalarni soʻzlaydi. Nasriddin Afandi latifalaridan gʻoyat qiziqlarini ketma-ket aytadi. Qotib-qotib kuladi, Yoʻlchi bilan Oʻroz koʻzlari bilan imlashib, uning koʻngli uchun suhbatni qizitishga tirishadilar. Shoqosim, Afandi latifalarini juda ustalik bilan aytgani uchun, yumalab-yumalab kulmaslikka iloj ham yoʻq edi.

Gulxan sovinib, yoqutday qizil choʻgʻlarning ustini asta-asta kul bosarkan, Shoqosim oʻgʻlining oldiga oʻtib yotdi! «Jinchiroq»ni puflab, Yoʻlchi bilan Oʻroz gulxan tevaragida muk tushishdi. Uy ichini quyuq qorongʻilik bosdi. Tashqarida shamol gʻuvilladi.
— Yana uy sovidi,— bir ozdan soʻng qorongʻilikdan Shoqosimning ovozi eshitildi.

Hatto gavdasini qanday qilib yaxshiroq oʻrashni bilmay uringan Yoʻlchi javob berdi:
— Uy emas, muzxona bu...

Avvalgi
I- qism