OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oybek. Qutlugʻ qon (II- qism)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOybek
Asar nomiQutlugʻ qon (II- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Oybek
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
NashriyotҒафур Ғулом номидаги Бадиий Адабиёт Нашриёти (Тошкент, 1969)
Hajm228KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/21
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Ойбек: Асарлар (ўн томлик) - Учинчи том
Редколлегия: Сарвар Азимов, Абдулла Қаҳҳор, Иззат Султон, Миртемир, Зулфия, Ҳомил Еқубов, Лазиз Қаюмов, Матёқуб Қуплжонов, Қучқор Хоназаров, Холида Сулаймонова.



iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qutlugʻ qon (II- qism)
Oybek

Toʻrtinchi bob

I

Mana uch oyga yaqindir, Nuriniso oʻzi koʻrmagan, bilmagan, hatto ismini toʻy arafasida kelinoyisidan eshitgan eri bilan yashaydi. Barcha musulmon qizlari kabi, u ham tamom begona, noma’lum bir yigitga tegishdan bosh tortgan emas, hatto zimdan boʻlsin surishtirib koʻrgan emasdi. «Fotiha» oʻqilganini eshitgach, u, aksincha, sevingan edi. Zotan, «fotiha» oʻqilgandan soʻng, taqdirga boʻysunishdan boshqa chora qoladimi — surishtirishning biron foydasi boʻladimi? «Fotiha»— goʻyo yarim nikoh. U, ikki tomonning kelajak hayotiga taqdir muhrini bosadi. «Fotiha»dan soʻng har ikki tomon aynish, taraddud huquqidan koʻpincha mahrum boʻladi. Qudalar oʻrtasida roʻy beradigan anglashilmovchiliklar, janjallar aksar vaqt muzokara va murosa yoʻli bilan hal qilinadi. Otalar-onalar boʻlajak qudalarining, kelinlarining, kuyovlarining har qanday nuqsonini op-ochiq koʻrishlariga qaramay, endi «fotiha buzilmasligi» uchun, u nuqsonlardan koʻz yumadilar!

Nuri fotihadan xabardor boʻlgach, kelajak turmushini oʻz xayolida bezash bilan mashgʻul boʻlgan edi. U kelin boʻlib borgusi oilaning boyligini oʻylamagan, chunki, bu narsa u uchun ochiq-oydin edi; otasi va akalari, albatta, Toshkentning eng dongdor boylaridan biri bilan quda boʻlishlariga u chuqur ishongan. Ular kambagʻallarnigina emas, oʻrta boylarni ham nazar-pisand qilmas edi. Ammo, kuyov yigit toʻgʻrisida ham Nurining koʻngli toʻq edi. Ba’zan: «Qanday ekan u? Koʻrgan-bilgan odamlarimdan qay biriga oʻxshatsam boʻladi?» degan savollar fikrini mashgʻul etarkan, u, albatta, musbat javob topar, shubhasini ishonchi yengar edi...

Nuri yangi oilada yashaydi, qarilik orqasida koʻzdan qolib, ikki-uch yildan buyon uy ichiga qamalgan qaynota — Najmiddinboyning davlati zoʻr. Yangi va eski shaharda katta attorlik doʻkonlari bor. Cholning katta oʻgʻli Abdullaboy, kichik oʻgʻli (Nurining eri) Fazliddinboyvachchaning tashabbusi va harakati yolgʻiz shu boylikni oʻstirishga qaratilgan.

Ichkari-tashqari dangʻillama hovli. Ichkari hovlining sahni keng. Hovlining uch tomoni bir uy-bir ayvoya qilib qatorasiga solingan yangi binolar bilan oʻralgan, bir tomoni giloszor bogʻcha. Hamma uylarda gilamlar, taxmonlarni toʻldirgan koʻrpa-yostiqlar, poʻlat sandiqlar, tokchalarda har nav asboblar, xitoy chinnilar qalashib yotadi.

Tabiiy, hammadan Nurining uyi hashamatli: qimmatli jihozlar bilan magazinday yasatilgan, koʻrgan odamning koʻzi qamashadi.

Bu oilada yeyish-ichish belgili tartib ham rejaga tobe esa-da, har kun shirin-shirin ovqatlar tayyorlanadi. Ammo mehmon siyrak boʻladi, moʻl-joʻl katta ziyofatlarni Nuri hali koʻrgani yoʻq.

Nurining qaynanasi ikkita boʻlib, biri «oʻziniki», ikkinchisi oʻgay edi. Najmiddinboyning bosh xotinidan Abdullaboy, kichik xotinidan Nurining eri Fazliddin tugʻilgan. Katta — Oʻgay qaynana, yoshi oltmishlarga borgan semiz, zabardast, dimogʻdor kampir edi. Butun roʻzgʻorga egalik qilishga, oʻz amridan hech kimni chiqarmaslikka tirishar edi. Kichigi, ya’ni Nurining oʻz qaynanasi qirq besh-ellik orasida, kichkina, oriq-jajmon xotin boʻlib, koʻrinishida muloyim koʻrinar, oz gapirar, lekin uzib gapiruvchi, pismiq edi.

Nuri bu oilaga tushgach, uch kun oʻtar-oʻtmas ikki qaynana-kundosh orasidagi dushmanlikni sezdi. Ertalab, odat boʻyicha, Nuri toʻr roʻmol yopinib beshikdagi boladan to keksalarga qadar hammaga salom qilar ekan, «nega senga oldin salom qiladi?» deb kundoshlari bir-biri bilan achchiqlashib qolishgandi. Ular arzir-arzimas narsa ustida minut sayin talashib-tortishar edilar. Roʻzgʻorga kim biylik qiladi?—Janjalga mana bu narsa koʻproq sabab boʻlar edi. Soʻngra cholni parvarish qilish toʻgʻrisida ham tez-tez urish boʻlib turar edi. Katta kundosh derdi: «Huzurini san koʻrgansan, bir kecha boʻlsin, undan ayrilmas eding, qariganda tashlaysanmi? Boq endi!» Kichigi ham sira qolishmasdi: «Cholning koʻz ochib koʻrgan xotini — sen. Sendan maslahatsiz ish qilmas edi. Bir tovoq oshni boshimga mushtlab-mushtlab berarding. Roʻzgʻorni qoʻlingga olib, bordonday semirib oʻtirasanmi? Oʻzing qara; moli shirinu, oʻzi harommi?!»

Nurining ovsinlari ham kundosh edi. Abdullaboy, otasi kabi, ikki xotinga ega edi. Kattasi Oysara oʻttiz besh yoshlarda, hali oʻz husnini yoʻqotmagan, lekin hastalardek parishonhol, ingichka, nozik xotin; jisman zaifligiga qaramay, yumushni koʻp qilar, har oqshom oʻz bolalari bilan tancha atrofini toʻldirib, kitob —«Malikaiy Dilorom», «Boʻz yigit», «Sanobar»ni oʻqir edi. Buning kundoshi Mariya ismli rus xotin boʻlib, unga Maryamxon nom qoʻyishgan. Uning yoshi yigirma sakkizlarda, oq-sariq yuzli, baland boʻyli, tiniq havo rang koʻzli toʻlagina xotin edi.

Maryamxon oʻn toʻqqiz yoshida, bundan sakkiz-toʻqqiz yil ilgari bu uyga, musulmon «ichkarisiga» qamalgan. U Moskvada kambagʻal oilada tugʻilib, otasi oʻlgandan keyin, onasi besh yashar Mariyani amakining oilasiga tashlab, erga chiqib ketadi. Qiz oʻn olti yoshgacha bu oilada, muzika muallimi boʻlgan kambagʻal amakining tarbiyasida oʻsadi, ibtidoiy tahsil koʻradi, muzikadan ham bir oz ma’lumot oladi. Mariyaning baxtiga qarshi, amaki sil kasaliga uchrab, ishdan qoladi. Uning mayda-chuyda bolalar bilan toʻla oilasi moddiy qiyinchiliklar ichida qiynalarkan, qiz oʻz kunini oʻz kuchi bilan koʻrish tilagida amakidan ketishga majbur boʻladi. Rizqini qozonish uchun hayot girdobida ikki yil chirpinadi. Nihoyat, boy bir rus oilasiga bola boquvchi sifatida qabul qilinadi. Bu oila Toshkentga koʻchib kelgach, Abdullaboy, yaqin tanish boʻlgan bu oilaga kelib-ketib yurarkan, Mariyani koʻrib sevadi va unga uylanadi.

Abdullaboyning rus xotin olishi u vaqtlarda koʻpchilik oʻrtasida, toʻy, azalarda xotinlar ogʻzida, gap-gashtak va choyxanalarda erkaklar orasida — ancha gap-soʻzga sabab boʻldi. Lekin Abdullaboy mahalla imomi huzurida «kalimaiy shahodat»ni ayttirib, nikoh oʻqittirib olgan edi. Otasi Najmiddinboy ham faqat shu shart bilangina bunday favqulodda ishga ruxsat bergan edi.

Mariyaga darrov boshdan-oyoq musulmoncha kiyim kiydiradilar, namozni, har xil duolarni va qur'ondan bir necha surani yod oʻqishga oʻrgatadilar. Yolgʻiz oʻzini hech yerga yubormaydilar — hatto yoʻlakka, koʻcha eshikka ham chiqarmaydilar. Shunday qilib, bir necha yil ichida u butunlay «musulmon» xotin boʻlib qoladi. Koʻzlari, sochlari ajratib turmasa, boshqa jihatdan uning rus ekanini payqay olmaydi kishi. Tili, talaffuzi, oʻtirish-turishi, butun qiliqlari bilan atrofdagi xotinlardan, ichkarining sohibalaridan ayirib boʻlmaydi. Besh vaqt namozni kanda qilmasdan oʻqiydi, ixlos bilan roʻza tutadi. Biron ish qilarkan, yo ovqat ichmoqqa boshlarkan, «bismillo»ni sira unutmaydi. Endi u duxoba paranjiga oʻralib, uzun chachvonni yuziga tutib, savat-savat kulchalar, barkashlarda oshlar, sovgʻa-salom bilan, butun qoidaga muvofiq toʻylarga, azalarga, tugʻruqlarga borib keladi. Maryamxon toʻrt devor orasida qamalgandan buyon bironta rus bilan bir ogʻiz ham gaplashgan emas. Koʻchada ketarkan, ba’zan ruslarni koʻrib, jonli rus tilini eshitib qolar edi. Bu narsa uning oʻtmishini uzoq bir tush kabi xotirlatar; ular bilan oʻz tilida ikki ogʻizgina soʻzlashuvga orzu qilsa-da, atrofdagi musulmonlardan qoʻrqqanidan, jur'at qila olmas edi. Chunki musulmonlar darrov oʻylagan boʻlar edilar: bu paranjili musulmon xotin nima uchun koʻchada erkak bilan, yana oʻris bilan gaplashadi? Bu dindan qaytgan xotin, islovotda yurib til oʻrgangan boʻlsa kerak!..

Maryamxon yoshlikda maktabda oʻqir ekan, rus yozuvchi va shoirlarining birmuncha asarlari va maktab bolalari uchun chiqarilgan har xil ta’limiy, maroqli kitoblar bilan bir qatorda, bir qancha yengil, jinoiy-mojaroviy romanlarni yashirin oʻqib chiqqan edi. Pushkin ham Lermontovning ba’zi she’rlarini hali ham yoddan bilar edi. Lekin, ichkarida yasharkan biron marta kitob yuzini koʻrmadi. Bir vaqtlar bu uyga opasi bilan mehmon boʻlib kelgan bir tatar qizi ruscha bir axloqiy romanni unutib qoldirgan; bu kitobni oʻsha kechasi katta qiziqish bilan qoʻlga olarkan, eri Abdullaboy kelib qolib, kitobning ruscha ekanini payqab, qoʻlidan yirib oladi va gʻazablanib shu ondayoq parcha-parcha qilib tashlaydi.
— Dindan qaytaradi, dinni buzadi bu kitob!— baqiradi Abdullaboy.
— Yoʻq, juda qiziq, juda foydali kitob,— yolvorib tushuntirishga boshlaydi xotini.

Lekin u qancha soʻzlamasin, bu kitobning dinga ziyonsiz yakanini oʻjar musulmonga tushuntira olmaydi.
— Yolgʻiz, yolgʻiz bitta kitob bor,— doʻq bilan deydi Abdullaboy,— u Olloning kitobi — Qur'on! Boshqa kitobni kitob dema! Hammasi bir tiyin. Xohlasang, Qur'on oʻqishni, qiroat bilan oʻqishni men oʻzim oʻrgataman.

Ba’zi vaqtda eski ruscha kitoblardan yasalgan paketlarda bozordan narsa oʻrab keltirishadi. Maryamxon paketlarni buzib, parcha-parcha qogʻozlarni, garchi bundan toʻla ma’no chiqmasa ham, oʻqiy boshlaydi. Lekin keyinchalik bundan-da voz kechadi.

Maryamxon dastlab oʻz kundoshi bilan chiqisha olgan emas. Hatto musulmonlarning bunday «ahmoqona zakunini» fikr-xayoliga aslo sigʻdira olmagan. U ochiqcha shovqin-suron koʻtarmasdan, eriga yalingan, bu odatning yomonligini, erning koʻngli ikkiga boʻlinsa, turmush yomonlashajagini tushuntirishga tirishgan. Keyin arazlagan, yigʻlagan. Ammo kundoshini qoʻydirib yuborishga muvaffaq boʻlgan emas. Bir-ikki bola tugʻib, ichkarining urf-odatiga, musulmonchilikning ruhiga chuqurroq kira boshlagach, kundoshga boʻlgan rashki ba’zan olovlanib qoʻysa-da, asta-asta taqdirga koʻnikkan. Endi kundoshi bilan uch-toʻrt kun apoq-chapoq boʻlib, ogʻiz-burun oʻpishganday boʻlar, lekin yana uch-toʻrt kun, sababli-sababsiz, sira gaplashmay, teskari burilar edi. Shunday vaqtlarda Nuri:
— Oralaringizdan qora mushuk oʻtdimi?— derdi kulib.

Maryamxon oʻzi toʻqiganmi, yo atrofdan eshitganmi, har vaqt shunday javob berar edi:
— Kundosh — boshingda tosh, koʻzingda yosh...

Ba’zi vaqt Nurining achchigʻini chiqarish uchun, jiddiy ravishda der edi:
— Shoshmang, sizga ham bir kundosh topib beramiz!

Nuri bu gapni hazil tariqida aytilganiga ishonsa-da, ba’zi vaqt yuragi choʻchib ketar edi: «Bu uyda ikki xotin olish bir rasm boʻlib qolgan ekan. Erim otasi, akasi izidan ketib, ustimga xotin olsa-ya... Shoʻrim qursin, nima qilaman!»

Fazliddin, Nuri qizlik chogʻida oʻz xayolida chizgan, turli kiyim va qiyofatlarda tasavvur etgan yigitlarga sira oʻxshamas edi. Nikoh kuni kechasi goʻshangaga kirish bilan, «tortishmachoq» hangamasidan hali oʻziga kelmagan xotinlarning qiy-chuvi davom etarkan, Nuri, yuziga tushirilgan uzun, oq roʻmoli orasidan, koʻzlarini yashirincha kuyovga tikkan, bir onda chuqur oʻksinib, butun quvvati soʻngan kabi, boshidan oyogʻiga qadar ohista bir titroq bilan qoplangandi. Mana shu er bilan uch oydan buyon birga yashaydi. Erining fe’li, mijoz — tabiati kun sayin unga ravshanlashdi.

Fazliddin albatta, badbashara emas, koʻrinishda tuppa-tuzuk yigit... Lekin muddatdan ilgari tugʻilib oʻsgan odamlar kabi, uning gavdasida nimadir yetishmaydi, bir mutanosibsizlik seziladi. U oʻrta boʻyli, kichik gavdali, siyrak sariq moʻylovli, tiyrak — Oʻtkir koʻzli yigirma uch yoshlarda, chaqqon, serharakat yigit. Ahli rastaga va yosh boyvachchalarga yarasha durustgina kiyinadi, lekin oʻziga ortiqcha zeb bermaydi. Har kun ertalab bir vaqt-da — bir minut kechikish, yo oldin ketish yoʻq — nonushta qilmasdan doʻkonga ketadi, oqshom albatta, uyga qaytib, oila bilan ovqatlanadi, soʻngra otasini ziyorat qiladi. Xufton namozidan keyin oʻz uyiga kiradi, tanchaga, Nurining qarshisiga oʻtirib, chollar kabi, «yo hayotannabiy!» yoki koʻpincha, «yo sarvarkoinot!» deb, boshini egarak, jim oʻtiradi. Aksar, kechalari uy eshigini berkitib, derazalarga parda tuttirib, alla-pallagacha pul sanaydi, bunday vaqtda ikki qoshi oʻrtasini burushtirib, oʻz-oʻzicha nimalarnidir shivirlab koʻyadi. Katta roʻmolga pulni tugib, yostiqday qilib, Nuriga uzatadi:
— Sandiqqa tiq, ertaga Abdulla akam oladi.— Keyin oyogʻini choʻzib mahsini tortish uchun Nuriga ishorat qiladi.

Kechalardan birida Fazliddin boshini solib, mudrab jim oʻtirar ekan, Nuri chiday olmadi, birinchi marta achchiqlanib gapirdi:
— Siz ham u yoq-bu yoqdan gaplashib oʻtirsangiz boʻlmaydimi? Bu nima, toʻrva-xaltasini yoʻqotgan gadoydek, shumshayib oʻtirasiz, bagʻrim qon boʻlib ketdi-ku!

Fazliddin tirjayib, egri-bugri tishlarining oqini koʻrsatdi. Lekin vaziyatini buzmay, muloyim tovush bilan dedi:
— Xafa boʻldingmi? Oʻrinsiz. Uylab qara, ertadan-kechgacha qancha odam bilan muomala qilaman?
— Doʻkoningizda pirkashiklar bormish-ku. Ular ishlasin, siz xoʻjayin boʻlib oʻtiring. Doʻkonga kechroq borib, ertaroq qayting. Sizlar ham katta boy ekansizlar, izvosh qiling, besh kunlik dunyoda davri-davron suring,— deb Nuri achchigʻidan yuzini boshqa tomonga burdi.
— Toʻgʻri, biz katta boymiz,— qoʻliga doʻppisini olib tozalab gapirdi Fazliddin,— haftamabilʼ olsak ham davlatimiz koʻtaradi. Lekin davlat dadamniki. Men bunga ozgina qoʻshdim, dadam davlatiga yana bir-ikki hissa qoʻshay, keyin birvarakay dovriq solaman. Har bir ish oʻz vaqtida yarashadi. Lekin oʻshanda ham doʻkonga erta borib, kech qaytaman. Savdogarchilikning taomili shu... Boshqalarga ishonib boʻlmaydi. Qani, iloji boʻlsa bitta odam tutmasdan, butun ishni oʻzim eplay bilsam... Iloji yoʻq, hozir uchta prikashik ham shoshib qoladi.

III

— Es-hushingiz savdoda. Uyquda ham koʻpincha mol sotib, pul sanab baqirasiz,— kinoyali kulib dedi Nuri.
— Man tinch uxlayman-ku.
— Yoʻq!
— Balki toʻgʻridir. Baliq suvda suzadi, suvda uxlaydi. Men ham savdoda suzib, savdoda uxlasam ajab emas. Xoʻp, oʻrinni sol... Yo rahmon, rahmatingni ayama!

Bunday erni Nuri hech vaqt xayolga keltirmagan edi. «Kimga tushdim? Boyvachcha yigit ham shunaqa boʻladimi? Dadamning shuncha davlati bor ekan, erning boy boʻlishi lozimmidi manga?»—oʻylar edi u. Faqat u endigi pushaymonlari unga foyda bermasligini yaxshi bilgani taqdirga isyon qilishga ojizligini sezgani uchun, qaygʻularini yurakka koʻmar edi, bu haqda hech kimga, hatto onasiga ham bir nima demagan edi.

Nuri koʻrinishda kelinchaklikni qoʻldan bermaslikka tirishdi. Deyarli har kun boshini yuvar, pardoz qilar, har kuni yangi koʻylak kiyardi. U bu uydagi xotinlarning hammasini yomon koʻrdi. Lekin zerikkanidan, Maryamxonni oʻziga yaqinroq tutdi. Chunki Maryamxon ochiq koʻngilli, samimiy xotin edi. Dastlab uning muomalalari Nuriga dagʻalroq koʻrinsa-da, keyincha unda hech qanday adovat, gʻaraz yoʻqligini, tabiati shunday keskinroq ekanini tushundi. Chol qaynata ham kelinlar orasida Maryamxonni koʻproq sevar edi. Ammo uning gʻaribligi ham ayniqsa, «kofir qizini din islomga musharraf qildik, tongla savobi tegadi» degan andisha bilan sevar edi u.

Kecha yoqqan qordan bu kun peshinga qadar hovlida iz qolmagan edi. Qor erib, tunuka tarnovlardan suv varillab oqa boshladi. Tarnovlar ostiga qoʻyilgan togʻora, chelaklarga suv tusharkan, har xil shoʻx sadolar tarqaladi. Zangori osmon ham shunday tiniq, shunday begʻuborki, koʻzni oladi... Nuri uy derazalarini ochdi. Quyosh shu'lalari qon-qizil gilamlarda, tokchadagi chinni asboblarda, kumush idishlarda, grammofonning tekis, yorqin karnayida oʻynaydi. Hovli xamirday balqigan, undan yengil bugʻ koʻtariladi.

Hovlining narigi burchida koʻringan eski paranjili qizni koʻrgan zamon, zerikkanidan, qadrli mehmonni qarshilagan kabi, darrov oʻrnidan sakrab turdi, dahlizga otildi...
— Nima balo, dov-daraksiz boʻlib ketdilaring!— Gulnor bilan koʻrishdi u.
— Qish, loygarchilik, Nuri opa, sogʻindingizmi?— Gulnor paranjini bir yoqqa otib, dasturxonga oʻralgan barkashni uzatdi:
— Qiymali yupqa.
— Bu yerdagilar ham yupqani mazali pishirishar ekan. Har kelishingda bir nimani koʻtarib kelasan. Bundan keyin hech nima keltirma!
— Katta oyim, quruq borma, deb qoʻlimga tutqizdilar,— dedi Gulnor.

Uyga kirarkan, Nuri Gulnorning ust-boshiga razm soldi:
— Quda-andani oʻylagan oyim senga butungina mahsi ham kiygizib yubormabdi. Mahsingni qara, oyoqqa ilib boʻlmaydi.
— Hech kim koʻrmas, shu yerdan keta qolarman. Ham kambagʻalning qizini kim masxara qiladi,— dedi kulib Gulnor.
— Jilla boʻlmasa yamat mahsingni!
— Dadam, Yoʻlchiboy akang yamaydi, degan edi, bilmadim, qoʻli boʻsh emas shekilli.
— U shahardami? Yamoqchilikni bilar ekanmi?— dedi Nuri va yuragi, nechundir, bir lahzada allanechuk urib ketdi.
— Anchadan buyon shaharda. Shokir ota degan mahsidoʻzning doʻkonxonasida oʻz etigini butunlab olibdi, dadam shunaqa dedi.

Gulnor bu yerga kelsa, Nuri har gal biron ogʻir yumush qildirar edi. Ammo bu safar qizga ish buyurmadi. Tanchaga oʻtqazib, dasturxon yozdi, gaplashib oʻtirdi. Gulnor Nurining oʻz oilasidagi voqealardan, bilgan-eshitganlaridan soʻzladi. Nurining onasi — Lutfiniso uni qanday sogʻinganligini, bugun tush koʻrdim, Nuri keladi deb, eshikka har kun koʻz tikkanini va kelar juma Hakimboyvachchaning gap berishini, shunga Fazliddin bilan u, albatta, borishlari kerakligini, yana Lutfinisoning bir koʻp buyruqlarini topshirdi.
— Shu hafta ichi oʻzim borib kelmoqchiydim. Oyimni bir oydan beri koʻrganim yoʻq. Bir kecha yonida yotishni orzu qilaman,— dedi yengillanib Nuri.
— Yana bir haftadan keyin Salim akam gap berarmishlar.
— Bahona topilib boraverar ekanman. Ishqilib Abdulla pochchamning ziyofatiga toʻgʻri kelmasin...

Soʻz aylanib yana Yoʻlchiga taqaldi. Nuri bu yigit toʻgʻrisda koʻproq narsa bilishni istash bilan baravar, bu qizning unga munosabatini ochish kabi, yashirin, bir niyat bilan gapni choʻzardi. Gulnor dastlab soddalik bilan gapiraverdi. Yoʻlchining kir-chirini yuvib, chopon va koʻylaklarini yamab berganligini va ba’zi vaqt dadasi Yormat buni va onasini uyga kirgizib, ayvonda Yoʻlchi bilan uzoq hangamalashib oʻtirishini soʻzladi. Nuri oʻz ichida xoʻrsindi va:
— U yaxshi yigit-a. Sanga yoqadimi?—dedi, tikilib.

Gulnor qizarib ketdi, koʻzlarini qaerga yashirishii bilmay javdiradi. Nurining bu savoli va boshqa soʻzlaridan shubhalandi-da, yurak sirlarini chuqur yashirishga tirishdi. Zotan, birovga ochishdan qoʻrqar va uyalar edi.

Nuri Gulnorni joʻnatgandan, soʻng, ancha, vaqt xayol surib qoldi. Uning yuragini qarama-qarshi hislar, kechinmalar oʻradi. Oʻtgan yoz xotiralari yana qalbiga hokim boʻla boshladi. Uning xayollari sirli vahima va qoʻrqinch bilan bogʻlangan yangi otashin lazzatlarga surgadi...

II

Yoʻlchi uch haftadan beri shaharda. Skladdan Mirzakarimboyning doʻkoniga, doʻkondan yana boshqa joylarga har kun aravada gazlama tashiydi. Boyning doʻkoni oldiga oʻnlarcha, yuzlarcha toy gazlamani tushirib uni yechar, yerdan shipga qadar taxlar, yana aravani minib joʻnar edi.

Mirzakarimboyning eski shahardagi doʻkoni chit rastasida edi. Bu rasta — ikki tomonda, besh-oltita katta doʻkon boʻlib, tor, kamgak yoʻl bilan bazzozlikka, shohifurushlik rastasiga tutashar edi. Usti tim bilan qoplangan bu qorongʻu rastada, odatda boshqa rastalarda boʻladigan shovqi-suron, gʻovur-gʻuvur, shoshqaloq olomon, tiqilinch yoʻq. Bu yerda bozor kunlari bilan bebozor, kunlarining farqi sezilmaydi, bu yerda har vaqt jimjitlik hukm suradi. Bundagi doʻkonlarda jiddiy, sersoqol kekla yahudiylarni, ularning serharakat, chaqqon oʻgʻillarini va prilavka orqasida, naq machitda namozda qaqqaygan kabi sukut qilgan, koʻrinishda mutavoze, lekin haqiqatda oʻlguday moʻltoni, kibrli, dimogʻdor, aksari xasis musulamon boylarni, koʻrish mumkin. Bu rastada ming xil kiyimli olomon yoʻq, shoshilish yoʻq, qoʻlni siqib: «Bor baraka top!»lar ham yoʻq. Faqat, har bir doʻkonda koʻpincha bir xil tovush: shaq-shaq, shuq-shuq choʻt qoqiladi. Rastaning ichida besh-oʻn kishi paydo boʻladi, ular sun'iy tavoze bilan shovqinsiz muomalaga kirishadi. Doʻkondor ularga qalin kitob shaklida bir nimani tutqizadi Ular buni varaqlab, kerakli gazlamalarning parcha-parcha nusxalarini koʻrib, tanlaydilar. Keyin gazlamalarni aravalarga togʻ-togʻ qalab olib ketadilar. Mol bu yerdan Toshkent atrofidagi qishloqlarga, ovullarga, Chimkent, Sayram, Avliyoota kabi shaharlarga, kentlarga joʻnatiladi.

Tishdan qaraganda eski, koʻrimsiz, lekii katta, sermol doʻkonda Mirzakarimboy bilan Salimboyvachcha turar edi. Ular xaridor bilan bitishgandan soʻng, qolgan hamma ishni shirin soʻz, epchil kishi — prikashik Saidmurod bajarar edi. U boʻsh qolgan vaqtda qoʻlini qovushtirib, bir chekkada jim turar, xususan, Mirzakarimboy oldida, eshonning huzuriga kirgan murid singari, halim vaziyat olar edi.

Hakimboyvachcha bir necha kishini ergashtirib, ba’zan bu yerda koʻrinib qolar, dadasi bilan shivirlashib, yana bir zumda gʻoyib boʻlar edi. U har vaqt shoshar, gapirganda, yurganda, ishlaganda — bir nimaga intilish, sabrsizlik sezilar edi unda.

Mirzakarimboy aksar vaqt kursida yoki ustiga gilamcha yoyilgan prilavkaning bir chetida taxlangan gazlamaga suyanib, tasbeh donalarini barmoqlari orasidan bitta-bitta oʻtkazib, chordona qurib oʻtirar edi. Kir doʻppisi qoshiga qadar tushgan, doimo boshida tashigan savatning ogʻirligi ostida boʻyi qisqarganday, yapasqi novvoy har kun peshin vaqtida ikkita shirmoy nonni boyga tashlab ketar edi. «Gʻarchcha moy!»—uning jarangli ovozi rastaning timini teshgunday yangrardi. Yoshligiga qaramay, chapanicha yurishga taqlid etgan bir bola — choyxonachining shogirdi — naq moʻljalli vaqtda Mirzakarimboyga choy keltirar, qulogʻiga qistirilgan qalam bilan doʻkonning ustuniga bir «alif» chizib ketar edi.

Yoʻlchi bozor aylanib, gazlama tashib, togʻasining doʻkoni oldida ba’zan soatlarcha oʻtirib, bozorning, savdoning, savdogarlarning koʻp sirlariga oshna boʻla boshladi. Turli rastalarda olomonning shovqini, oltin-kumushning jarangi, qogʻoz aqchalarning shildirashi, savdo daryosining toʻlqini, boʻroni qoʻynida odamlarning turmushi, ruhi, yuragi, baxt va falokati uning koʻziga yalangʻochlandi. Kosiblar, dehqonlar, har nav kambagʻal-qashshoqlarning olov koʻylak kiygan kabi, bozor jahannamida kuyib-oʻrtanayotganlarini payqadi. Lekin hali u koʻp sirlarga tushunmas edi. Bozorda «ahli rasta» ishlatadigan koʻp soʻzlar, koʻp muomalalar unga yo ma’nosiz, yo sirli tuyular edi. Ammo hayot har kun, har soat unga yangi mevalarini oshkora qilar, sirlar yalangʻochlanar edi: Mirzakarimboy oʻz oldiga qoʻl qovushtirib kelgan, durust kiyingan ba’zi bir odamlarga qoʻpol muomala qilar, ularni koyir, ba’zan ranglarini boʻz qilib qoʻyar edi. Mol olish uchun kelgan bir yigitga u bir kun shunday dedi: «Xoʻsh, mulla, nega va’dani buzasiz? Juhudda bor bigiz bizda yoʻqmi? Bizda oʻtkirrogʻi bor! Bilib qoʻying, koʻzingizni ochib qoʻyaman!»

Yoʻlchi buning ma’nosini bir qancha kundan soʻng tushundi: bir koʻp xaridorlar aravalarga, tuyalarga mol ortib, yonlaridan, qoʻltiqlaridan, gʻishtday, guvaladay taxlam qogʻoz aqchani Salimboyvachcha oldiga toʻkib sanaydi. Ammo aksar odamlarning pul bergan-bermaganini Yoʻlchi payqay olmas edi. Bir savdogar oʻn toy molni olib bir zumda qorasini oʻchirdi. Yoʻlchi taajjublanib, Salimboyvachchadan soʻradi:
— Hov, urra qochdi-ku, aqchasi qani! Salimboyvachcha boshini chayqab kuldi va yangi, shildirama oq qogʻozni koʻrsatdi-da, qutiga tashladi.
— Shu bas,— dedi boyvachcha,— buni vekselʼ deydilar. Muddatida toʻlaydi.
— Ha, tixirlik qilsa-chi?— Yoʻlchi koʻzini katta ochib soʻradi.
— Koʻzini moshdek ochib qoʻyamiz... Uyi kuyadi, xonavayron boʻladi!— salmoqlanib, lekin qat'iy qilib gapirdi Salimboyvachcha.
—I Tushundim, tushundim,— dedi Yoʻlchi,— u bigiz, tunov kun togʻam bittasiga, bigiz tiqaman, degan edilar, bigiz...

Salimboyvachcha labini qiyshaytirib dedi:
— Be!.. Bigiz nima? Bu zaharli nayzaday, balki undan ham oʻtkir narsa... Bu olov, yondiradi, kuydiradi.

Yoʻlchi indamadi. Otga minib, aravani gumburlatib joʻnadi. Usha kuni sovuq qattiq edi. Ba’zi yillari Toshkentda bir necha kun boʻladigan oʻtkir quruq sovuq!.. Soqollarda, moʻylovlarda, kipriklarda qirov... Sovuqqa chidamli Yoʻlchi ham, egni yupun boʻlganidan, oyoqlarining jonsizlanganini, gavdasining bujmayganini sezdi. U, goʻyo qish kuni muzni yorib yalangʻoch holda suvga tushgan kabi... Ishdan, sovuqdan yorilgan qoʻllari qamchini bazoʻr tutar edi. Lekin, Yoʻlchi bu jihatdan yolgʻiz emas, bozor kuni boʻlganidan rastalarda odam qalin, aksar odamlarning egnida «nomi kiyim»: telpak oʻrniga churuk sallani quloq aralash oʻragan, doʻppi ustidan xotinlar kabi roʻmol oʻragan, mahsi-kalish oʻrniga oyoqlariga eski latta bogʻlab yurgan odamlar bilan koʻchalar, yoʻllar toʻla edi. Yoʻlchi «doʻppi bozor» dan aravani arang olib oʻtdi: bu yerda zoʻr tiqilinch, koʻpchiligi xotinlar. Bularning «qishki kiyimini» paranji ham yashira olmas, yuzlaridagi qaygʻu iztirobini, mashaqqatini qalin chachvon ham yashira olmas edi. Doʻppi tutgan qoʻllarning titrashi, ovozlarning hazinligi, paranjidagi gavdalarning vaziyati igna bilan tirikchilik qiluvchi ayollarning falokatli ahvollarini yorqin tasvirlar edi.

Yoʻlchi «Poyakilik» orqali un bozoriga, «Machit-jome» tomoniga chiqdi. Bu yerda xalta-xulta koʻtargan kosiblar, erkak-urgʻochi har xil uvada qashshoq liq-liq.. Quv, epchil, dagʻdagʻali alloplar qoʻllari, ogʻizlari, koʻzlari bilan ishlab, «tosh-tarozudan» urib, beva-bechorani ovlaydilar.

«Machit-jome» boʻylab har qadamda gadoy: qalandarlar, tilanchi bolalar, kampirlar...

Yoʻlchi «poʻsht-poʻsht»ni ming marta takrorlab, bozordan chiqdi. Uning muzlagan boshida bir fikr urinadi: «Kim puldor, kim mulkdor, kim savdogar — hammasining bigizi, nayzasi bor. Ular bir-birlariga tiqsalar mayli edi-ya; ammo oʻylab qarasang, ularning hammasi nayzani, bigizni xalqqa tiqadi. Hammaning nayzasi borib-borib xalqqa, kosibga, dehqonga, mardikorga, xizmatkorga, beva-bechoralarga qadaladi... Ular doʻkonlarda poʻstinlarga, movut chakmonlarga oʻralib oʻtiradilar. Qorinlari toʻq. Bola-chaqalari rohatda, uylarida qazi-qarta qaynaydi. Koʻzlari ham, yuzlari ham kuladi. Kambagʻal xalq oʻlib-tirilib mehnat qiladi-ku, qorni toʻymaydi, egni butun boʻlmaydi. Toʻqlar kuladi, ochlar yigʻlaydi. Mana har kun yuzlarcha toy gazlama tashiyman. Bitta chopon tiktirishga qudratim yetmaydi, badanim muz — kesiladi!» U oʻylay-oʻylay skladga yetganini sezmay qoldi.

Yuk ortib, otni qamchilab, zidlab qaytarkan, Xadraga kelganda u birdan otni toʻxtatdi: apteka devariga qisilgan Shoqosim past, ayanchli ovoz bilan bir nimalar soʻzlab, oʻtkinchilardan sadaqa soʻraydi! Uning devorga yopishib turishi, koʻzlarini yerdan uzmasligi, qoʻlini choʻzmasdan, tavoze bilan koʻksiga olib turishi — uning bu vaziyatdan qanday azob sezganini, odamgarchiligining yemirilganidan, uyatdan, nomusdan oʻlimga rozi ekanini koʻrsatar edi. U koʻzini yerga tikkani uchun Yoʻlchini koʻrmadi. Yoʻlchi esi ogʻgan odamday, bir nafas baqrayib qoldi, soʻng boshida shu fikr uchqunlandi: «Men chaqirsam, battar uyaladi, yerga kiradi, ham uning koʻziga qanday qarayman! Yonimda pulim boʻlsaydi, yordamlashardim. Hech nimam yoʻq! Uh!..» Otni haydadi. Faqat ozgina yurib, yana toʻxtatishga majbur boʻldi: «Har nima boʻlmasin, unga suyanchiq kerak». Otdan tushib bir necha qadam orqaga yurdi va chaqirdi: «Shoqosim aka!» Shoqosim boshini koʻtarib, atrofga alangladi. Ikkinchi chaqirishda Yoʻlchini koʻrib, egilgan holda, chorigʻini sudrab keldi.
— Ahvol qalay?—uning tilanganini sezmagan boʻlib soʻradi Yoʻlchi.
— Yashirmayman, ukam. Sen ham bilmaslikka solma. Ahvol mana shu— Shoqosim qoʻlida qisgani bir necha qora chaqani koʻrsatdi. Koʻzlariga jiq-jiq yosh toʻldi, nafasini tuta olmay, entikib yana davom etdi:— Nima qilay? Qish, sovuq... Ammo ikki kundan beri... yolgʻiz ikki kun. Osmon uzoq, yer qattiq...
— Oʻroz sizni bir qoʻychi boyga yollatgandi-ku.— Sobiq hamqurning foje ahvoliga boqishga botina olmay, boshqa tomonga qarab dedi Yoʻlchi.
— Uning kuygurda ikki oy qadar ishladim. Keyin haydadi. Boshimga qancha tuhmatlar ortdi yana. Bunday odamlarni yer yutmaganiga hayronman...
— Undaylarni yutishdan yer hazar qiladi shekilli, xafa boʻlmang, lekin tilanchilik, toʻgʻrisini aytsam, yomon narsa, ishlang. Qanday boʻlmasin, mayli... ha, oʻgʻil qaerda?
— Bir befarzandga bolalikka berdim. Qaerda boʻlsa eson boʻlsin.
— Ishlang.
— Ish qani? Kun yilt etsa mardikarlikka tushaman. Gadoylikdan oʻlim yaxshi, ming marta yaxshi,— yigʻlab dedi Shoqosim.
— Bahorni kutmang. Qor kurang, samovarchilarga suv tashiig. Erta-indin oʻzim kelaman, qaerda boʻlasiz?
— Anov choyxonadan topasan. Ket endi, yumushingdan qolma, sen ham birovga qaram odamsan.— Yoʻlchiga minnatdorlik bilan termilib, orqaga qayrildi Shoqosim.

Yoʻlchining koʻz oldi qoraydi, ruhan chuqur ezildi, gʻayri shuuriy ravishda otni haydab ketarkan, bir nima «qars» etib, ot bir tomonga keskin burilib toʻxtadi. Birov baqirdi: «Koʻzing bormi, qanday aravakashsan!..» Yoʻlchi birdan seskandi, aravaning gupchagini boshqa arava gupchagiga qattiq urib olganini payqadi.

Uch kundan soʻng Shoqosim tilanchilikdan qutildi. Yoʻlchi uni bir juvozkash mayda boyga xizmatkorlikka — uning juvozini haydovchi sifatida oʻrnashtirdi. Bu juvozkashdan Yoʻlchi oʻz xoʻjayinining sigir-buzoqlari uchun ba’zi vaqt kunjara olib, u bilan tanish boʻlgan edi. U sodda, kamtarin odam koʻrinar edi. U tekin xizmatkor qidirar edi. Shuning uchun Yoʻlchining iltimosiga darrov koʻnib, shart boʻyicha, Shoqosimga ovqat, yotish uchun juvozxona oldidan bir hujra berdi. Agar Shoqosim ish bilan oʻzini yoqtirsa xoʻjayin oʻz bilgicha «choy chaqa» ham berib turadi. Shoqosim bu narsani bir muruvvat kabi, sevina-sevina qabul qildi.

III

Oqshom edi. Yoʻlchi Mirzakarimboyning darvozasi oldida tanho oʻtirar edi. Tor koʻchada hech kim yoʻq. Koʻcha tutash balchiq boʻlganidan bolalarning oʻyini tugul, yurishga ham imkon yoʻq edi. Oʻtkinchilar devorga yopishib, ehtiyot bilan qadam tashlab yurishadi. Koʻchaning ikki tomonida boʻgʻot tomli, qingʻir-qiyshiq xarob uylar, yarmi qulagan devorlar oqshom qorongʻisida dardli manzara yasaydi, safolatdan, yoʻqchilikdan qoʻrqinch sukutga choʻkadi, qorongʻida asta-asta erib yoʻqoladi. Qaydadir, boʻgʻotdan suv tomchilaydi: tik-tik.

Boyning darvozasidan yigirma odim naridagi eski, kichkina eshik kishining gʻashini keltiruvchi tovush chiqarib ochildi. Sigirni yetaklagan qiz, Yoʻlchining yonidan oʻtib, boyning darvozasiga kirarkan, paranjisi uning tizzasiga tegib ketdi. Bu qiz — Gulnor edi. Sigirni u va onasi boqadi. Lekin boyning xotini Lutfinisoning nazorati ostida sogʻiladi.

Qizning paranjisini koʻrish bilanoq yigitning yuragi qinidan chiqayozdi. Yerga mahkam tiralgan, qoʻpol etikli ogʻir oyoqlari bir zumda zir titrab ketdi. Qachon uning paranjisini qoʻrsa, qachon ovozini toʻsatdan eshitsa, yigit qaltiraydi, rangi oqaradi. Chunki Yoʻlchi uni chuqur sevadi, jondan, butun mavjudiyotdan sevadi!

Bundan uch oy ilgari Nurini «oʻtkir nafasli» domlaga olib borgan kun, tashqari hovlida qorda choʻqqayib idish yuvgan bu qizga uning koʻzi tasodifan tushgan edi. Ammo qiz yalt etib soʻngan yulduz kabi, bir onda koʻzdan gʻoyib boʻlgan edi. Faqat uni koʻrish bilan Yoʻlchining oʻz xayolida soʻroqladigi u «begona qiz» jonlangan edi. Ammo bu voqeadan bir kun keyin, ya’ni Nurining nikoh kuni, u «begona qiz»— uzoq qiz, butunlay tanish va yaqin boʻlib qoldi. Bu shunday boʻldi: Nurining nikoh toʻyi qiyom chogʻida, ichkaridagi xotinlar uchun samovar qaynatish ishiga boyning xotini Yoʻlchini chaqirdi. Chunki ikki katta samovarni uzluksiz qaynatish, unga suv tashish, oʻtin yorish va hokazoni xotinlar eplay olmas edilar. Soʻngra toʻy kunlari ichkarida samovarni koʻpincha erkak kishi kaynatishi eskidan bir taomil boʻlib qolgan. Eng mutaassib, eng rashkli erkaklar ham buni din va diyonatga zararli deb qaramaydilar. Xususan, bunday yumushlar xizmatkorlarga buyurilsa, bu hech qanday taajjublanarli hol hisoblanmaydi. Chunki xoʻjayinlar nazarida xizmatkor — yarim odam...

Yoʻlchi u kun ichkari kirdi. Katta hovliga ters boʻlgan kamgak — panaroq joyda samovar qoʻyish, oʻtin yorish bilan mashgʻul boʻldi. Uylarda, ayvonlarda xotinlar koʻp edi. Ayvonlarda oyoq uchlarini tanchaga zoʻr-bazoʻr tiqib, jimjit oʻtirgan xotinlar, albatta atrofdan yigʻilgan kambagʻal-chambagʻal xotinlar edi. Yoʻlchi ichkari toʻyning sirlarini ham tezda oʻqib oldi. Toʻy bekasi, Mirzakarimboyning xotini ayollarni uch guruhga ayirgan edi. Birinchi guruhga dongdor boyvuchcha xotinlar, eshon oyimlar; ikkinchi guruhga obroʻliroq oilalarning ayollari va mehmondoʻz, bilimdon xotinlar; uchinchiga «churuk paranjilar», toʻyga noilojlikdan taklif etilgan har xil uzoq-yaqin kambagʻal qarindosh-urugʻlar kiradi. Birinchi va ikkinchi guruhlar yasogʻlik uylarda oʻtirishadi. Ovqatlarning sarasi ularga tortiladi. Qandolatfurushlarning doʻkonidagi kabi, xilma-xil, rang-barang, qimmatbaho meva-chevalar bilan lim toʻlgan katta patnislar ketma-ket yetkazilib turiladi. Boshqa ayollar ayvonlarga oʻtqazilib, kichkina iflos patnislarda, «puf desa Buxoroga uchadigan» taxir chap-chap non, qurtloqi turshak, jiyda va tishga yopishsa ombur bilan ham sugʻurib olish qiyin boʻlgan yopishqoq popuk tortiladi.

Hovlida tinmay-qoʻnmay xizmat qilib yurgan paxmoq sochli, isqirt kiyimli yosh-qari xotinlar ham anchagina. Bularning orasida Yoʻlchi kecha tashqarida bir zum koʻrdigi qizni tanidi. Lekin u endi bir oz durust kiyingan. Boshida yangi roʻmol, egnida eski boʻlsa ham beqasamdan paxtalik kamzul, oyoqlarida yangiroq mahsi, eskiroq kalish... U yugurib-elib xizmat qiladi. Dasturxonchi va boshqa qari-qartang xotinlar Yoʻlchining yoniga bemalol kelib ketsalar-da, u qiz yaqin kelmas edi. Choyni yigitdan emas, ancha uzoqda toʻxtab, boshqa qoʻllardan olib ketar edi. Uni uyaltirmaslik uchun, Yoʻlchi tikilib qaramadi... Dasturxonchi xotin uni qargʻaydi:
— Gulnor oʻlgur, seni birov pishirib yeydimi? Kelaver, naq qarchigʻayday yigit ekan... Toʻyda aralashib-quralashib yuraveradi kishi.

Toʻyning qiy-chuvi, mehmonlarni choy bilan qoniqtirish uchun shoshilish, otin buvilarga, eshon oyimlarga tahorat suvi tayyorlash kabi yumushlar Gulnorni Yoʻlchi oldiga asta-asta yaqinlashuvga majbur qildi. U endi, avvalgiday roʻmolcha uchi bilan yuzini pana qilib, boshini bir tomonga burmaydi. Uzoqdan boʻlsa-da Yoʻlchiga dadil qaraydi, ba’zan yashirin iljayadi.

Mirzakarimboyning xotini bir katta boʻlak choyni Yoʻlchiga berib, Gulnorni imladi. Gulnor kelgach, u Yoʻlchi bilan qizga shivirladi:
— Mana bu juda toza choy. Katta uyda eshon oyimlar ham Toʻraxoʻjaboyning xotini, kelinlari, Mahammad Sharif qozining qizlari oʻtirishibdi. Ularga choyni achchiq-achchiq damlanglar, tuzukmi? U uyga choy soʻrashsa, Yoʻlchi akangga kelib shipshit, Gulnor qizim!—deb toʻy bekasi Lutfiniso ketdi. Uning orqasidan qiz va Yoʻlchi kinoya bilan birdan qattiq kulishdi. Bu kulgi ularning ruhlarini qandaydir ulaganday boʻldi. Bundan soʻng Gulnor ham minut sayin kelaverdi. Yoʻlchi har gal kulib soʻraydi: «Eshon oyimmi? Sharif qozimi? Yo Xalcha buvimi? ayting!»

Gulnor «quyuq», «nimtatir» deb javob beradi. U chiroyli mayin tovush bilan soʻzlarkan, yigitning qoʻlidan choynak-piyola olarkan, shoʻx, xumor koʻzlari bilan yigitga qaraydi, uning yuzlarida, dudoqlarida yigitning yuragini erituvchi bir tabassum yonadi.

Mana shu kundan boshlab, Yoʻlchi shu qizning asiri, maftuni boʻldi. Yigit qalbiga chuqur oʻrnashgan muxabbat urugʻi umidlar, orzular, toza ehtiroslar alangasi bilan tanho kechalarning shirin roʻyolarida oʻsdi, gʻunchaladi, gulladi. Yoʻlchi uchun bu qiz endi begona emas. U Yormatnang qizi, u yaqin. Deyarli har qun Yoʻlchi oldidan paranjiga oʻralib oʻtadi, ba’zan uning ovozigan eshitib qoladi. Lekin ayni zamonda u juda uzoq. Chunki, Gulnorning koʻzlari, yuzi yolgʻiz Yoʻlchining xayollaridagina kuladi, jilvalanadi. Qiz nima oʻylaydi, uning qalbi ham ishq alangasida yonadimi, yoʻqmi? Mana uch oy oʻtdi, buni bilmas adi Yoʻlchi.

Atrofda qorongʻilik quyuqlashdi. Namozshomdan qaytganlarni qorongʻi eshiklar «tarch», «tit» bilan yutdi. Osmon bulut. Bironta yulduz koʻrinmaydi. Hamma narsa — uylar, devorlar, daraxtlar — qorongʻilikka jimgina choʻkdi.

Kishi hayot yoʻlida boshdan kechirgan voqealar orasida baxtli deb oʻylagan zamonlarini yodlashdan har chogʻ zavqlanadi. Baxtli onlar umr tunida, yulduzlar kabi chaqnaydi, ular yurakka totli hasrat va yupanish bagʻishlab imlaydi.

Yoʻlchi hozir qorongʻida tanho oʻtirib, Gulnorni, yaqinda koʻrgan qizning koʻzlarida yongan tabassum bilan oʻz yuragini mast yetgan bir kunni yodlar edi. U qorli, sovuq kun Yoʻlchi uchun umrning eng mazmunli, eng rangli, eng goʻzal kuni edi...

Qorongʻilik ichidan chiqqan koʻlankaning tovushi Yoʻlchini shirin xayoldan ayirdi:
— Mirzakarimboy deganning uyi qaysi?
— Kim? Eshvoy akami?—tanish tovushni eshitish bilan Yoʻlchi oʻrnidan sapchib turdi.
— Yoʻlchimisan? Seni koʻradigan zamon bor ekan-ku. Ikkisi qadrdonlarcha koʻrishdi. Bu kishi qishloqda Yoʻlchining yon qoʻshnisi boʻlib, Sarimsoqboyning yerida chorakorlik qilar edi. Kambagʻal boʻlishiga qaramay, Yoʻlchining oilasiga koʻldan kelgancha yordam koʻrsatar edi. Yoʻlchi Eshvoy akani xizmatkorxonaga taklif qildi. Lekin u koʻnmadi.
— Boy shaharga bir oz yuk tushirgan edi. Hozir karvon saroyga tashlab bu yoqqa yugurdim. Soʻray-soʻray arang topdim, tezroq qaytay, uka.
— Ikki ogʻiz gaplashaylik, biznikilarning ahzoli qalay? Yuring,— sudradi Yoʻlchi.
— Yoʻq dedim, yoʻq. Hammalari sihat. Enang koʻpdang koʻp salom dedi. Ukang Qurbon oqsoqol tegirmonida ishlab turadi. Roʻzgʻordan bir qadar siqilshgan. U yogʻini surishtirsang, qishloqda hammaning roʻzgʻori tang. Enang besh-oʻn tanga pul soʻrab yubordi. Boʻlsa, chiqarib ber, bayoqishlar chaynab tursin.

Yoʻlchi yerga qarab bir minut sukut qildi, keyin doʻppisini olib, boshini kambagʻalchasiga qashib gapirdi:
— Onam, ukalarim uchun bu yerlarda, yuribman» Eshvoy aka, buni yaxshi bilasiz. Ammo, hozir, yonimda sariq chaqam yoʻq. Boydan soʻrab olib, albatta yuboraman.
— Soʻraganning aybi yoʻq,— dedi Eshvoy,— bola yigʻlamasa ona sut bermaydi. Boy oʻz urugʻing ekan, yaxshi muruvvat qilar. Ha, hammasini birdan olma,— sekin gapirdi Eshvoy,— bir boʻlagini ol. Qolgani boyda turgani ma’qul. Och uyda qatiq uvimas, degan maqol bor, yeb qoʻyasanlar!

Yoʻlchi kuldi, Eshvoyning yelkasini qoqdi.
— Xoʻp, iloji boʻlsa, ertatayoq sizga yetkizaman. Kappon bozordan topamanmi?.. Bordi-yu, xech nima chiqmadi, unda keyinroq ishonchli odamdan yuboraman.
— Shunday qil, jon uka. Ishonchli odamdan yubor. Hamqishloq deb har kimga ishonib boʻlmaydi. Bu zamonda oʻng koʻzing soʻl koʻzingga yov...

Oyoqda turgan holda yana bir oz gashlashib soʻng Eshvoy joʻnab ketdi. Yoʻlchi yolgʻiz qolarkan oʻzi uchun mushkul masalani, ya’ni xoʻjayin oldiga kirib, undan pul talab, qilishni oʻyladi: «Nega bular oʻz bilgilaricha bermaydilar? Qorni ochdan qorni toʻqning nima parvoyi bor, degan gap — haq ekanda. Qishloqda oʻz jiyanlarining och, yalangʻochligini bilsalar kerak edi. U dam oʻylab xafa boʻladi, dam ancha pul yuborib, onasini sevintirishini xayol qiladi; pulni qoʻlda oʻynab, oʻgʻliga yigʻi aralash duo qilgan onani, quvongan ukalarini koʻradi oʻzi ham sevinadi. Faqat boydan pul soʻrashga botinmaydi.

Xuftondan soʻng, boyning huzuriga kirishga jazm qildi. Mehmonxona eshigiga kelib, taraddudda qoldi: kambagʻal uchun oʻz haqini talab qilish ham qiyin. Chunki xoʻjayinning xursand, xafa chogʻlari boʻladi. Oldin uning kayfini bilish qerak. Ichki bir jasorat bilash eshikni itarib, uy ichiga kirganini sezmay qoldi. Mirzakarimboy naqshkor mehmonxonada, atlas koʻrpalar toʻshalgan tanchada, oldi-orqasi toʻla yostiq, oʻtirar edi. Yoʻlchi kirishi bilan vaziyatni buzmasdan salmoqlanib dedi:
— Kel, qoʻzim, nima ishing bor?

Yoʻlchi loy etigi bilan gilamga oyoq bosishdan tortinib, gilamni qayirib, eshik oldida tiz choʻkdi va maqsadini tushuntirdi. Mirzakarimboy koʻzini yumib tinglaganidan soʻng, ancha vaqt jim qoldi. Nihoyat, orqasini yostiqdan uzib, muhim savdo ishi bilan shugʻullangan kabi, jiddiy ravishda gapirib ketdi.
— Xotin toifasining aqli qisqaligi hammaga ma’lum narsa. Onang Xushroʻybibining ham aqli komil deb boʻlmaydi, jiyan. San yuborgan pulning mazasiga tushundimi — boʻldi, haftada, oyda pul soʻrayveradi. Yaxshi yegusi, yaxshi ichgusi keladi, keyin qoʻsha-qoʻsha kiyim qilish orzusiga tushadi. Xullas kalom, sabrni, qanoatni unutadi. Gapimga kirsang, odam boʻlmoqchi esang, onang zoriga quloq solma!
— Ayam mehnatkash, jafokash xotin,— e’tiroz tariqida gapirdi Yoʻlchi,— unday yengil, guvillagan ayol emas. Mana sakkiz oydan buyon bir qora chaqa soʻratgani yoʻq. Tilagim shuki, togʻa, ayam bilan ukalarim kishilarga muhtoj boʻlmasin...
— Pul topish qiyin,— soqolini tarab dedi boy,— ammo pul xarajat qilishni bilish undan ham qiyin. San pul topishdan avval, pul sarf qilish yoʻlini oʻrgan. Hamma gap shunda. Bu narsa sabri qanoat bilan boʻladi. Kambagʻalni sabri qanoat asraydi. Qanoat qilmasa, sharmandaligi ortadi. Eshigimda juda koʻp odamlar ishlagan. Har xil toifadan, koʻplari qarzga botdi. Bir xizmatchim toʻqqiz yilgacha qarzdan qutulmadi. Axiri churuk chorigʻini tashlab qochib ketdi. Ammo mandan hali qutulgani yoʻq u. Yigirma soʻm qarz edi. Oxiratda hali javobini beradi. San oʻzimnikisan. Boʻyningni qarzga kirgizma deyman. Tushundingmi?

Togʻasining soʻzini diqqat bilan tinglagan Yoʻlchi, soʻz tamom boʻlgach, xohlamasa ham, ma’qul deganday boshini qimirlatdi-da, jim oʻtiraverdi. Boy nimanidir oʻylab, uzoq vaqt sukut qildi. Keyin yonini kavladi. Karmonidan besh soʻmlik qogʻoz olib, sandalga qoʻydi. Bir nafas oʻylab, yana uch soʻmlik qogʻoz va bir soʻlkavoy qoʻshib Yoʻlchiga tashladi:
— Olti soʻmini yubor. Uchi yoningda qolsin. Ha, uqtirib yuborki, bu pulga bugʻdoy olsin. Odamotodan buyon tirikchilik bugʻdoy, un bilan oʻtadi. Odamotoning oʻzlari birinchi marta yer haydab, bugʻdoy sochganlar. Tabarruk narsa. Bugʻdoydan goʻja osh qaynatsa boʻladi. Un qilib, atala-umoch, uvra osh, xullas, oʻttiz ikki xil ovqat pishirilsa boʻladi. Bugʻdoy shunday aziz ovqat. Ha, onang koʻrpasiga qarab oyoq uzatsin, uqtingmi?

Yoʻlchi pulni olib indamasdan chiqib ketdi.

Mirzakarimboy yostiqqa yonboshlab oʻylab qoldi: «Odam ishlatish xoʻp yaxshi narsa-da. Xizmatkorlar har kun davlatimga davlat qoʻshadi. Bundan tashqari, oxiratda savob boʻlishini ulamolarimiz bir ogʻizdan gapiradilar. Savobligi aqlga ham toʻgʻri keladi. Chunki xizmatkor ahli qoʻlimdan non yeydi. Men non bermasam, ular nima qilar edi? Oʻz urugʻingdan ishlatish hammadan rohat. Aldaysan, yaxshi gapirasan. Yuraveradi. Ovqatdan, kiyimdan har kimga shikoyat qilmaydi. Begona qursin, soʻzga quloq osmaydi, uncha ber, muncha ber deb janjallashadi. Keyin, qozoq, qirgʻizdan kishi bahra topadi. Yilbay qilib sahrodan keltirasan. Kuchi — suv tekin, ishlayveradi. Sodda xalq. Aldasang bas. Eti seniki, suyagi oʻziniki...»

Mirzakarimboyning nasihati Yoʻlchiga sira ma’qul tushmadi: «Toʻqqiz soʻm olaman deb toʻqson gap eshitdim: boʻshanglik qilsam, nonimni tuya qilib berishlari aniq»,— Oʻyladi u. Yuragi dilgir boʻldi. Uxlashni istamagani uchun koʻchaga chiqdi.

Bu mahallada unga ma’qul boʻlgan ikki kishi bor edi. Biri guzarda taqachilik-temirchilik qiladigan Qoratoy, ikkinchisi Shokir ota nomli mahsidoʻz chol. Otga taqa, aravaga temir qoqtirib, Qoratoy bilan doʻst tutingan, kechalari zerikkan chogʻlarda Shokir ota doʻkonxonasiga kirib yurib u bilan ota-bola boʻlib qolgan edi. U hozir Shokir ota tomon yurdi. Doʻkonxonaning koʻchaga qaragan, oyna oʻrniga shaldiroq qogʻoz yopishtirilgan kichkina derazasi uzoqdan xira yaltirab koʻrindi.

Yoʻlchi yengil eshikchani ochib kirdi:
— Assalom. Hormang, ota!
— Kel, bolam, kamnamosan.— Doʻkonxona burchagida usti yeyilgan, tekis katta kosib toʻnkasi orqasida ishlayotgan Shokir ota, odatdagicha koʻzoynagini oz-moz koʻtarib dedi. U oltmish besh yoshlarda, eti suyakka yopishgan, chuvak yuzi va peshanasi chuqur chiziqlar — burushiqlar bilan quyuq qoplangan kam soqol keksa edi. Unga, oʻn besh yoshidan boshlab, avval shogird, keyin xalfa, soʻng mustaqil usta sifatida to shu damgacha erta-kech bukchayib ishlashga toʻgʻri kelgani uchun uning yelkasi bukri kabi ortiqcha turtib chiqqan edi. Uning butun gavdasida ogʻir mashaqqat, iztirob, yoʻqchilik va boshqa kulfatlar bilan toʻla bir umrning izlarini juda yaqqol koʻrish mumkin edi.

Shipi past, devorlari yupqa, torgina doʻkonxona, har vaqtdagiday ivirsiq. Shonalar, har xil siniq-mertik qoliplar, charm rezgisi, shirach kosa, mahsi ichiga yopishtiradigan eski lattalar va hokazo doʻkonxona yuzini tutgan. Katta osma lampa tutabroq yongandan, doʻkonxonada is va qurum hidi bilan toʻlgan havo darrov dimoqqa urar edi.

Ustaning shogirdi — Oʻn toʻrt yashar Yoʻldosh, deraza oldida oʻtirardi: shon qoqilgan, boʻyi bir qarich kelar-kelmas tayyor bachkana mahsilarni (Shokir ota bachkanadoʻz edi) silliq yogʻoch bilan kuchi boricha ishqalab, soʻng qoragul surkab, ularga pardoz beradi. Xira saxtiyon mahsilar pardozdan soʻng yiltiraydi, «ochiladi». Doʻkonxonaning toʻrida Shokir otaning oʻgʻli Tohirjon oʻtiradi. U, Yoʻlchining eshitishiga qaraganda, koʻpdan buyon sil kasaliga duchsr. Bir vaqtlar gavdali va chiroyli boʻlgan oʻttiz yashar yigit hozir choʻpday ozib ketgan. Yuzida qon asari yoʻq. Uning kattalashgan qora koʻzlari chiroqda allaqanday umidsiz, lekin ma’nodor yonadi. U dam sari yoʻtaladi. Qisqa yoʻtal. Yoʻtaldan soʻng nafas olishi ogʻirlashib, suyakdan iborat yelkalar kuchli ravishda chiqib tushadi. Odamshavanda, gap-soʻzi ma’noli bu kambagʻal xasta yigitni Yoʻlchi yaxshi koʻrar, ahvoliga koʻngildan qaygʻurar edi. Yoʻlchi bu gal ham kasalning koʻnglini koʻtarish uchun, unga taskin beruvchi umidbaxsh soʻzlar aytdi. Shunday yupantiruvchi soʻzlarni har kimdan eshita-eshita ularga e’timodi qolmagan va badani kundan-kun koʻproq erigan sari umidbaxsh soʻzlarning shunchalik moʻlroq yogʻilgani uchun, bu soʻzlarning ma’nosizligini anglagan Tohirjon kinoya bilan jilmaydi:

— Meniki bedavo dard, ukam. Biron kun yengillanish yoʻq. Kasal tobora orqaga surib turipti... Shifosiz kasalga har bir doru darmon zahardek amal qilar ekan,— u yoʻtalib koʻzlarini bir oz yumib harsillagandan soʻng, yana soʻzlay boshladi,— shifoli kasal boʻlsa-chi, suv ham doridek yaxshi amal qilib, bemor tuzalaverar ekan. Barcha dorini sinadim. Meniki bedavo dard. Har bir dori kuch-quvvatimim siqib-ezib, oʻzimni lattaday majmagʻil qiladi. Uh!..—engil xoʻrsindi Tohirjon.
— Unday dema, bolam. Noumid shayton,— yupatib gʻapirdi dadasi.— Xudoi taolo xar bir dardga bir davo yaratgan. Lekin tabib yoʻq. Burungi zamonlarda Ibn Sino, Luqmon Hakim oʻtgan. Ular xar bir kasalga davo topgan. Ibn Sinoga kasalning joni chiqmagan boʻlsa bas ekan, tuzatar ekan. Hammasini eshitganman, eski kitoblardan eshitganman, oʻgʻlim.
— Qani ular?— soʻradi kinoya bilan Tohirjon.
— Ular yoʻq. Bu zamonda unday tabiblar qolmagan — javob berdi ota,— tabiblar andi aldamchi. E... bolam, hammaning dili buzilgan. Shuning uchun duo ham, dori-darmon ham yaxshi kor qilmaydi. Endi shifoni yolgʻiz Ollodan, halloq olamdan soʻra. Tabiblarning tabibi u, Ajab emas, shifo bersa.
— Xudo qahrini oshkora qildi-ku, lekin rahmini bizdan yashirdi shekilli...— yoʻtal aralash dedi Tohirjon. Shokir ota koʻzoynagi orasidan oʻgʻliga tikilib uning soʻzidan norozi ekanini bildirdi.
— Shak keltirma, bolam!

Bir nafas jimjitlik hukm surdi. Shokir otaning yuz burushiqlarida gʻam mavjlangan kabi tuyuldi. Shogird bola lab-lunjini osiltirib, tumov boʻlganidan burnini torta-torta, endi payvand tikishga boshladi.

Kasal kishi to soʻngi nafasga qadar tuzalishga umid qiladi, tuzalishga ishonmasa-da, ishongusi keladi. Atrofdagi odamlarning daldasi umidning soʻngi uchqunini soʻqdirmaslikka yordam beradi. Hozirgina «meniki bedavo dard» deb tuzalishdan qat'iy ravishda umid uzganligini toʻla ishonch bilan soʻzlagan Tohirjon, bir necha minutdan soʻng, yana oʻz kasali haqida, tabiblar, dorular toʻgʻrisida soʻzlamoqqa boshladi. Bu bilan u, oʻz yuragining bir burchagida qilcha nur, yashash orzusiniig soʻngi jilvalari borligini isbot qildi. Ammo esini tanigandan buyon xasta boʻlmagan, tabib betini koʻrmagan Yoʻlchi tabiblar, dorular toʻgʻrisida aqlga sigʻadigan bir tadbir koʻrsatib, bechorani qanoatlantirishdan ojiz edi. Tohir kabi xastalarga, «uzun ogʻriq»larga dala, togʻ havosining porom kelishini eshitgan edi, bunga ishonar edi ham. U gʻamxoʻrlik bilan gapirdi:

— Tohir aka, qoʻying siz tabiblarni. Menga qolsa, maslahat shu: mana yaqin oʻrtada bahor, siz qirga chiqing, koʻkragingizga toza shamol tegadi. Dala havosi sizga yogʻdek yoqadi, butun illatni, xamirdan qil sugʻurganday, tortib oladi, keyin toza qimiz iching. Dala qimizi boshqacha boʻladi. Shaharda qimiz emas, ayron sotadilar.
— Toʻgʻri, juda toʻgʻri!—boshini bir necha marta qimirlatib gapirdi bemor.— Dala havosi, qimiz, koʻkalamzor — dardimga naq davo. Shu kasalga chalinganimda, bir hakimga bordim. U tomirimni ushlab, andak mulohaza qildi-da, sizniki kosib kasal, dalaga chiqing, bahri dilingiz ochilsa, quvvatga kirib ketasiz, dedi. Lekin ilojimiz yoʻq. Nainki uzoq safarga pul kerak. Tekin qimiz, et qayda!.. Ahvolimiz sizga ravshan,— bemor yoʻtala-yoʻtala doʻkonxonaga, cholga ishorat qildi.
— Bir epini qilsa boʻladi... Shoshmang, Ziyoxoʻjaboy sizga hammahalla, yon qoʻshni, eshiklaring bir-biriga yopishgan, shundaymi? Chimkent ustida ularning qoʻy, yilqisi koʻp ekan. Kechagina kichik oʻgʻli soʻzlab qoldi: muncha uyurda muncha biya, muncha aygʻir, palon-piston... ogʻzimni ochib qoldim. Bilasizmi, yozda qimizni ichadigan odam topilmas emish... Boyvachchalar qatnab turishar ekan, birga ketasiz. Qoʻshni haqi...

Tohir achchiq kuldi, koʻzini yumib boshini chayqadi.
— Siz bu yerda yangisiz, ukam Yoʻlchi. Bu yerdagilarning fe’li huyi sizga jilla ma’lum emas.
— Iltimos qilinsa...— dedi Yoʻlchi.

Shokir ota ishdan ayrilmay, goʻyo oʻz-oʻziga deganday, lekin asabiy ravishda soʻzlay boshladi:
— Bilasanmi, Yoʻlchi, bir shoir, bilmadim, Soʻfi Olloyormi, shunday deganlar, «Tama noniga qoʻl ochgandan oʻl och!»—ma’nisiga tushundingmi? Ana! Bilaman, Ziyoxoʻjaning qoʻyi, yilqisi toqqa, dala-dashtga sigʻmaydi, Yozda qimizlari bijgʻib yotadi. Bunga imonim komil. Lekin undan menga, senga nima foyda. Ana bordiyu, men zaruriyat yuzasidan iltimos qildim. U bachchagʻar «xoʻp» deydimi? Yoʻq, undan bir nima soʻragandan koʻra itdan suyak soʻragan afzal.— Chol bir minut gapdan toʻxtadi. Tishsiz ogʻziga suv toʻldirib, charmga pufladi, keyin charmni choʻzib-choʻzib gapga tushdi:
— Men qancha xaroblashsam, u shuncha xursand boʻladi. Koʻkragida tukkan niyati menga ma’lum, Yoʻlchiboy!
— Sizda qanday keki boʻlsin!—hayron boʻlib dedi Yoʻlchi.
— Keki yoʻq, yomon niyati bor. Hovlisi biznikiga yopishgan. Lekin torroq. Hovlimni u oʻzinikiga qoʻshib, ost-ust imorat qurmoqchi, yayrab-yashnamoqchi... Bilaman, koʻpdan beri koʻz tikib keladi. Man bir parcha boshpanamga tish-tirnogʻim bilan yopishganimdan, hafsalasi pir boʻlayozgandi. Ammo, Tohirjonning kasali, roʻzgʻordan qiynalganim uchun, yana qulogʻini tikkaytirdi benomus... Oʻrtaga odam qoʻyib, ra’yimni bilmoqchi ham boʻldi. Tohirjonning dardi qancha ogʻirlashsa, u shuncha quvonadi, senagʻar. Tirnoqcha joyimni sen xotintaloqqa bermaganim boʻlsin!— chol keyingi soʻzlarini qichqirib gapirdi.

Cholning yurak yaralarini ochishda oʻzini aybli sanagan Yoʻlchining koʻkragi ogʻir tuygʻular bilan toʻldi. Tirikchilik uchun kecha-kunduz tinmasdan mehnat qilgan va yuragida shuncha gʻamni koʻtargan bu beli bukik, yelkasi chiqiq cholni va yuzida hayot nuri oʻcha boshlagan uning xasta oʻgʻlini soʻz bilan yupatishning, yuraklaridan tirqirab oqqan qonni soʻz bilan toʻxtatishning ma’nosizligini sezdi. Lekin ularning foji ahvoliga tomoshabin boʻlishni ham ulugʻ gunoh sanadi Yoʻlchi. Shuning uchun Yoʻlchi ahvolni birmuncha yengillashtiradigan bir yoʻl ustida oʻylarkan, eshikdan bir kishi kirdi.
— Hormang, usta!
— Keling, mulla Ikrom. Oʻtiring,— yumshoqlik bilan joy koʻrsatdi chol.

Mulla Ikrom baland boʻyli, dagʻal soqol, ogʻir qarashli, qirq beshlar chamasida bir kishi edi. Kiyimi qoʻpol, lekin yangi va puxta edi. U eshik oldida devorga suyalib choʻqqaydi. Boshidan qozoqi telpakni olib, qoʻlida aylantirib, jim oʻtirdi. Tohirjon Yoʻlchiga qarab sekingina: «charchadim, ketay», dedi-da qaltirab oʻrnidan turdi, hassaga suyalib, kalovlanib eshikka tomon yurdi. Mulla Ikrom goʻyo uni hozir koʻrgan kabi, ham loqaydlik bilan, «Tuzukmisiz!» dedi. Bechora unga qaramasdan juda sekin, eshitilar-eshitilmas: «Shukur» deb labini qimirlatdi. U shamolning kuchsiz epkinida tebrangan novda kabi, yengil va ojiz edi. Eshikni bazoʻr ochib chiqib ketdi.

Mulla Ikrom usta bilan gaplasha boshladi. Lekin u toʻng odam edi. Yeqimsiz ovozi bilan ustadan biron narsa toʻgʻrisida savol soʻrar, ammo javobini tinglamas edi. Yoʻlchi uni bu mahallada uchratgani yoʻq edi. Keyinroq, gapning mazmunidan, bu kishining chor bozorchi, ya’ni shahar atrofidagi qishloqlarga qatnovchi bir savdogar ekanini va Shokir otaga mahsi uchun oldindan pul berib qoʻyganligini ham shu buyurtma qilgan molni olish uchun kelganligini angladi.

Mulla Ikrom usta bilan gaplasha boshladi. Lekin u toʻng odam edi. Yoqimsiz ovozi bilan ustadan biron narsa toʻgʻrisida savol soʻrar, ammo javobini tinglamas edi. Yoʻlchi uni bu mahallada uchratgani yoʻq edi. Keyinroq, gapning mazmunidan, bu kishining chor bozorchi, ya’ni shahar atrofidagi qishloqlarga qatnovchi bir savdogar ekanini va Shokir otaga mahsi uchun oldindan pul berib qoʻyganligini ham shu buyurtma qilgan molni olish uchun kelganligini angladi.

Shokir ota qarzdorlarga maxsus mutelik bilan yalinib-yalpanglanib mulla Ikromni va uning bola-chaqalarini duo qildi, hozircha oʻn juft mahsi berishga qodir ekanini soʻzladi. Mulla Ikrom «qiyiq» odam boʻlganidanmi yoki kasbi shuni lozim koʻrganidanmi, murosaga unamadi:
— Qirq juft bachkanaga aqcha berganmidim? Balli! Sizdan hozir yigirmatasini soʻrab turibman. Iloji boʻlsa, hammasini berib qutulganingiz yaxshi edi-ya. Ammo yoʻqni yoʻndirish qiyin, ana shu borini beravering?— U Shokir ota yonida qator tizilgan, pardozlanib yaltiragan mahsilarni koʻrsatdi: chol butun quvvaiy nutqini ishga solib, yana yalindi:
— Rahmatli otang bilan juda qadrdon edim. Uning haqqi-hurmati, insof qil, bolam. Sen, xudoga shukur, ahli savdogardansan. Menday isqirt kosib emassan. Dardimni aytaversam, kitobga sigʻmaydi. Kasal oʻgʻil, xotini, boz xudo bergan uch nabira. Hammasi shu cholga qaram. Erta chorshanba, bozor, oʻn juftini menga qoldir, ertaga sotib, chaynab turaylik. Jilla boʻlmasa, nabiralarimning javdiragan qora koʻzlari uchun yana oʻn kun, bir hafta muhlat ber!
— Hammada bir tashvish bor, ota! Tirikchilik gʻavgʻosi yolgiz sizda emas, taqdirga tan berasiz-da,— dedi mulla Ikrom toʻnglik bilan.

Yoʻlchi boshini quyi solib jim oʻtirdi. Ammo choliing yalinishlari, savdogarning oʻjarchasiga oyoq tirab turishi yigitning gʻazabini oshira boshladi. U hali siyrak, qora moʻylovini tirnoq uchlari bilan chimtib, qovogʻini solib oʻyladi: bunga soʻz ta’sir qilmaydi. Bunday odamni ozod koʻtarish, koʻchaga olib chiqib loyga bosish kerak edi. Lekin iloj yoʻq! Mulla Ikrom haqli ekanini hammaga uqtira biladi. Zamona shularniki ekan! Shokir ota behuda tuhmatga qoladi.

Chol charmni koʻva bilan asabiy ravishda doʻqillatib urib, savdogarni yana yumshatishga tirishdi:
— Senga oʻxshash savdogarlar bilan xoʻp muomala qilganman. Birontasining tiyiniga xiyonat qilgan emasman. Haqim ularga ketgan, lekin ularniki-chi — yoʻq... Osh oʻrniga suv ichib yashashga roziman. Ming marta roziman. Ammo kishining choʻpiga koʻz olaytirmayman. Bu hafta boʻlmasa, kelar hafta olasan, albatta, albatta olasan.
— Shu zamonda kim kimga haqini yediradi. Qoʻying shunaqa gaplarni. Sahar turib qishloqqa joʻnayman, bering, men tezroq ketay, koʻzimni uyqu bosayotir.

Shokir ota yana oʻzining «qoʻli qisqaligidan», roʻzgʻor tangligidan gʻoyat kuyunib soʻzladi... Yolgʻiz oʻzi emas, balki butun ahli kosibning ahvoli pachava ekanini ochib tashladi. «Povurkon» mollari har yoqni toʻldirib, kosiblarning bozorini kasod qilganligi, ishi chippakka chiqqan kosiblar birin-ketin «taxta-oʻqlogʻini» yigʻishtirayotganlignni va hokazoni tasvirlab ketdi. Ammo cholning yuragidan toshgan soʻzlar savdogarga zarracha ta’sir qilmay, aksnncha, uning toʻngligini oshirdi.

Yoʻlchi chiday olmadi, koʻzlarini savdogarga qattiq tikib dedi:
— Boboyning soʻzlariga tosh ham eriydi. Siz odamsiz-ku! Shu yigirma juft mahsini olib ketaverasiz, butun oila qozonini suvga tashlab oʻtiradimi? Andak insof kerak, uyat kerak. Choliing mehnatda chirigan koʻksiga bigizni qadayvermang!
— Uka, men haqimni soʻrayman. Birovning kissasiga qoʻl suqayotganim yoʻq!— Ikrom bu soʻzlarni juda beparvolik bilan gapirdi va Yoʻlchini oʻgʻri va muttaham deb oʻylaganidan, koʻzlariga «bilamiz» degan bir ma’no berib, istehzo bilan jilmaydi. Savdogarning bu qarashi Yoʻlchiga qattiq toʻqindi. Lekin u yolgʻiz moʻylovini chimtidi va ogʻir xoʻrsindi. Shokir ota oʻrnidan turdi. Uvushgan oyoqlari va tizzalarini silab, mahsilarni sanadi. Juft-juft qilib Ikromning oldiga qoʻydi, titroq tovush bilan dedi:
— Ol, oʻgʻlim, haqingni ertaroq ol...

Savdogar oʻrnidan turib bir kerishdi, ogʻzini ochib homuza tortdi. Soʻng, enkayib mahsilarni sekin-sekin sanadi-da, besh juftini ajratib, nariroqqa surdi:
— Ota, anov beshi sizga qolsin, xafa boʻlmang.
— Hammasini olaver, qutulganim yaxshi. Qarzini toʻlagan odam xafa boʻladimi? Sevinishi kerak.
— Bir joydagi odammiz, yana bir-birimizga ishimiz tushadi, otaxon! Kelar haftaga yana oʻn besh juftini tayyorlab qoʻying. Ha, xohlaysizmi, men sizga teri keltirib beray. Xoʻp, keyin soʻzlasharmiz. Xayr.— U oʻn besh juft mahsini avaylab koʻtarib, eshikdan chiqdi.

Cholning, hozir koʻrinishida sokin va dadil boʻlsa ham, xiyla asabiylashganligi sezilar edi. Oldida yotgan kerakli asboblarini tez topa olmas, koʻvani qidirgan qoʻli shirach kosaga botar edi. Qayrilib tushgan kataklari keng, besoʻnaqay qayroq burni uchida ter tomchilari yaltirar edi. Koʻzlariga uyqu kelgan shogird bola mumli ipni qir-qir... choʻzib, qatim tortar, ustaning achchigʻini chiqarmaslik uchun, hech qayoqqa alanglamas edi. Yoʻlchi, Shokir otaga tikilgan sari, uning hozirgi paytdagi gʻamli oʻylarini, kechinmalarini uning harakatlarida, koʻzoynak orqasida yashiringan kichik koʻzlarining ifodasida, eski mahsiday burushiq yuzining rangida ravshan seza boshladi. Uning koʻkragini bir nima chuqur ezdi. Doʻkonxona ham sovidi. Shamol derazaga oyna oʻrniga yopishtirilgan qogʻozni timdaladi. Yoʻlchi chiqib ketmoq istarkan, yana qoldi: «Ota nima qilmoqchi?»—u joʻrttaga, loqaydlik bilan ikki qolipni bir-biriga urib soʻradi:
— Bozorga tushasizmi ertaga?
— Kosib chorshanba kuni bozor qilmasa, bir haftagacha qoʻli bogʻlanib qoladi. Garchi, reja buzildi, lekin bir amalini qilamiz.
— Xoʻsh, buzilgan rejani qanday toʻgʻrilamoqchisiz? Haligi ablah ishni chappa qilib ketdi-ku?

Chol lablari bilan bir parcha eski charmni hoʻllab turib dedi:
— Oʻgʻlim, besh bachkini pullab, ip, mum, shirach, lak olamiz, xoʻpmi?! Uyda bir oz teri bor. Ammo tag charm yoʻq. Bunga ham bir iloj topib qoʻydim. Qanday? Oʻtgan yil xudo yarlaqab, oʻzimga mahsi tikkan edim. Boʻzchi bel boqqa yalchimas, kulol moʻndiga: eshitganmisan? Mahsini uch kun hayitda kiyib, saqlab qoʻygandim, ana uni pullab, tag charm olamiz. Ish yana maromiga keladi. Ammo, qozon qaynatishga iloj topa olmay turibman, oʻgʻlim. Biz palov yemaymiz. Bizga mosh, soʻk, sholgʻom, balo-battar boʻlsa bas. Ozgina pul xarajatlasak, bir haftagacha dekchamiz biqirlaydi.— Shokir ota ogʻir xoʻrsindi, soʻngra birdan «voy»— deb tomir tortishgan oyogʻini uqalay boshladi.
— Ota, qozon qaynatishga pul berib turaymi? Koʻp emas, uch soʻm,— soʻradi Yoʻlchi yerga qarab.

Chol kallasini qiyshaytirib, Yoʻlchiga tikildi. Uning bu boqishida, chuqur minnatdorlik, gʻaribning gʻaribga boʻlgan mehri yonar edi.
— Rahmat, yuzga kir, uvali-juvali boʻl, oʻgʻlim. Menga pul berma, peshona teri bilan topgan pulingni oʻzingga xarajat qil. Shu soʻzing oʻzi oltindan a’lo. Naki, koʻnglimni koʻtardi. Bu chol,— Shokir ota qoʻlini koʻksiga urdi, — qanday mashaqqatlarni koʻrmagan! Bu qiyinchilikmi! Yoʻq, bu hech gap emas. Bu qari bosh — koʻpni koʻrdi, yana koʻrar. Ollo Tohirjonga shifo bersin, niyatim — shu...—Chol oynagini olib, koʻz yoshini artdi va yana ishga urindi. Yoʻlchi uning ra’yiga qarab, e’tiroz qilmadi.
— Zarur boʻlsa, soʻrang, men topib beraman, xoʻpmi?
— Juda zarur boʻlsa, bu boshqa gap,— Shokir ota duo qilib, yana minnatdorchiligini bildirdi.

Yoʻlchi koʻchaga chiqish bilan keskin, sovuq shamol quloqlarida gʻuvillab, ignaday oʻtkir, mayda qor parchalarini uning yuziga urdi. Koʻcha va tomlar qordan oqara boshlagan. U sirpanib, toyib xizmatkorxonaga joʻnadi...

Beshinchi bob

I

Nuri erdan koʻngilsiz edi. Ayniqsa keyingi kunlarda erining qusurini oʻz xayolida gʻoyat qavartirib yubordi, endi u Fazliddinning hamma sifatlarida, qanday boʻlmasin, bir kamchilik koʻra boshladi. Yolgʻiz qolgan chogʻlarida turli oʻy-xayollar bilan chulgʻanadigan boʻldi. Birinchi galda erdan chiqish toʻgʻrisida oʻyladi, har xil rejalar qurdi. Lekin bu toʻgʻrida qurgan har reja, oʻylab toʻqigan har bahona, birinchi qarashda juda aniq va toʻgʻri — haqqoniy koʻrinsa-da, aqli sigʻdirgancha chuqurroq oʻylarkan, puchga chiqaverdi. Erdan ayrilish uchun u, yo ota-ona uyiga qadam bosmaydigan boʻlib bir yoqqa qochishi kerak, yoki oʻz oilasi quchogʻiga qaytmoqchi boʻlsa, bunga ma’qul bir sabab koʻrsatishi kerak. Toki ota-onasi va akalari uning bu qiligʻini ma’qul koʻra bilsinlar. Birinchi yoʻl Nuriga tamom imkonsiz boʻlib koʻrindi. Ikkinchi yoʻl uchun salmoqli bir sabab topolmas edi. Tantiboyvachcha kabi isrofgar, bekorchi, qimorboz kuyovni Mirzakarimboy har qancha yoqtirmasa-da, bir vaqtlar katta qizining undan ayrilish tilagiga toʻsiq boʻlgan edi. U endi Fazliddin kabi yigitdan qizini ayirib olarmidi! Nuri buni butunlay imkonsiz topdi. Uning xayoli sirli, yashirin zavqlar diyoriga uchdi, qalbi man etilgan lazzatlarga intildi. Pul va boylikning quvvatiga ishongani uchun bu yoʻlni qulay deb topdi, bu yoʻlga tezroq qadam bosishga oshiqdi. Qat'iy jazm qilgan kuni qaynanasidan Fazliddinning Moskvaga ketish xabarini eshitdi, yuragi toqatsizlandi. Kechqurun Fazliddin akasi Abdullaboy bilan uzoq gaplashib, soʻng, oʻz uyiga kirgach, Nuri yasama noz bilan dedi:
— Maskovga joʻnarmishsiz, nimaga manga bildirmaysiz?

Fazliddin tanchaning har vaqt oʻzi band qiladigan tomoniga oʻtirdi, kulib javob berdi:
— Oʻzimga ham shu bugun ma’lum boʻldi. Abdulla akamning oʻrniga man ketadigan boʻldim.
— Qachon?
— Erta-indin.
— Maskovda nima qilasiz?
— Savdo Maskovda, jonim, yaxlit foyda ham u yerda. Maskovdan nima olib kelay senga? Buyur!

Nuri jilpanglanib javob berdi;
— Oʻzingiz eson qaytsangiz bas. Toshkentda manday toʻkis kelin bormikan? Hamma narsa joyida...
— Man sanga shunday narsalar keltirayki ularni tushingda ham koʻrmagansan, oʻlmaydigan, qimmatbaho narsalardan sovgʻa keltiraman.
— Kelinni kelganda koʻr, sepini yoyganda koʻr, deyishadi. Olib kelmaguningizcha ishonmayman.

Fazliddin bu kecha xursand edi. Har toʻgʻrida soʻzlar, kular edi. Nuri fursatni qochirmaslik uchun hiylani ishlatishga qaror qildi. Darrov koʻzlariga qaygʻuli jilva berdi, yuzini teskari burib, shikoyatli tovush bilan, goʻyo oʻziga-oʻzi soʻzlagan kabi mingʻirladi:
— Boyliklaringga ishongim kelmaydi. Nomlaring Maskovchi boy boʻlib tarqalganiga hayronman. Mazmuni birovning pulini ishlatasizlar...
— Xa-xa-xa...— Fazliddin Nurining soʻzlaridan ta’sirlanib qattiq kuldi.— Otangga pul kerak boʻlsa, bizdan qarz olsin. Biz birovdan pul olib ishlatamizmi? Najmiddinboydek eski boyning oʻgʻillari-ya!
— Qaydam, manga shunday koʻrinadi,— loqayd javob berdi Nuri.

Bu soʻz Fazliddinning gʻururiga tegdi shekilli:
— Nima uchun, xoʻsh?—koʻzlarini tikdi Nuriga.
— Boyga oʻxshamaysizlar. Axir, eshiklaringda bironta xizmatkor boʻlmasa, oʻtinni xotinlar yorsa... Koʻpincha suv tashiydigan odam topilmay, suvsiz oʻtiramiz,— deb Nuri yana teskari burildi.
— Ha, bizni shu bilan kamsitasanmi?—Fazliddin boshini chayqatdi.
— Toʻgʻri-da. Kecha oʻtin yorib, qoʻlim ogʻridi,— Nuri sogʻ qoʻlini kasal qilib koʻrsatdi va soxta kuldi.— Ogʻir yumushlarga xizmatkor kerak emasmi, shunday katta oilada?

Fazliddin yirik tishlarini koʻrsatib, xaxoladi. Keyin jiddiylashdi. Oʻz ichida xotinining soʻzini ma’qul koʻrdi. Bu narsani oʻzi ham oʻylab yurar edi. Keksalar kabi salmoqdor bir ohang bilan soʻzga tushdi:
— Toʻgʻri, bir malay kerak. Lekin insofli odamni topish qiyin. Xizmatkor, malay qanday boʻlsa? U tanini, jonini xoʻjayinlardan ayamasa, ninaday narsaga xiyonat qilmasa, oʻl desang—oʻlsa, tiril desang—tirilsa! Bunday odam topiladimi? Odamning ichini bilish juda mushkul narsa. Koʻrinishda farishtaday odamning ichida shayton alayhilla’na oʻtiradi. Bir vaqtlar bizda bir otaxon ishladi. Gʻarib, faqir moʻysafid edi. Koʻp yil ishladi. U oltin odam edi. Hamma yumushni qilar edi. Sotib olingan qul qanday boʻlsa, u ham bizga shunday edi. Oʻlib ketdi boyoqish. Lekin dadam ham yaxshilikka yaxshilik qaytardi, tirikligida koʻrmasa ham, oʻlgandan soʻng koʻrdi.
— Nima qildi dadangiz?
— Yaxshilab koʻmdi. Musofirlarga oʻxshab chuqurga tiqib qoʻya qolmadi. Bir qoʻy soʻyib ma’raka qildi. Man oʻzim bir yilgacha har payshanba kuni qur'on oʻqib, arvohiga bagʻishlab yurdim. Bundan ortiq yaxshilik boʻladimi?
— Toʻgʻri aytasiz, xizmatkor qulday boʻlsin,— erining haligi fikrini joʻrttaga quvvatladi Nuri,— bunaqasini topish qiyin. Biri ishyoqmas boʻladi, biri yolgʻonchi boʻladi, biri oʻgʻri boʻladi. Sinalgan, tanilgan odamni qidirish kerak.
— Balli,— Fazliddin boshi bilan xotinining soʻzini ta’kidladi,— sinalgan odam kerak. Qaerdan topamiz. Mehmonxonadagi asboblarni, buyumlarni kimga ishonamiz ?
— Qoʻyavering, man oʻzim topaman,— sevinchdan yuzlari yonib gapirdi Nuri,— dadamda bir malay bor. Nimasini surishtirasiz, moʻmin, ma’qul yigit. Oʻla qolay yolgʻon gapirsam. Naq uch-besh kishining ishini qilarmish. Ham oʻzi bizlarga qarindosh, dadamning urugʻlaridan. Qorni toʻq, egni butun boʻlsa bas. «Ing» yoʻq, «jing» yoʻq, ishlayveradi. Ana shuni olamiz. Endi soʻzingizdan aynamang, xoʻpmi?
— Mayli,—dedi Fazliddin,— lekin, shunday yaxshi qulni ular bizga berishmas, deyman.
— Manga berishmaydimi?—qat'iy ishonch bilan dedi Nuri.— Yoʻq, albatta berishadi.

Nuri toʻshakda eri bilan alla-pallagacha gaplashib yotdi. Tili bilan Fazliddinga har xil yoqimli soʻzlar soʻzlasa, fikri boshqa yoqlarda kezdi. Oʻz rejasining bunday qulay amalga oshuvidan hadsiz sevindi. Eri xurrak tortarkan, teskari burilib, yana uzoq vaqt oʻyga botdi, koʻzi ochiq esa-da, u shirin xayollar uyqusida orom oldi...

II

Gulnor koʻcha eshigidan hovlisiga kirarkan, rang-roʻyi oʻchgan, lablari titroq, koʻzlari bejo edi. Yerdan bir qarich koʻtarilgan, torgina sahnga parcha-purcha churuk namatlar solingan va shipi, devorlari toʻziq ayvonga paranjisini otdi, tikish xaltasini tanchaga tashlab, ustunga suyanibroq bir muddat parishon turib qoldi.

Ayvonda yamoq yamab oʻtirgan onasi Gulsumbibi — bu yomon kiyingan, oriqqina, lekin yuzida eski goʻzallikning izlari hali saqlangan, qirq yoshli, sokin, kamtar xotin boshini koʻtarib mehribonlik bilan qiziga qaradi.
— Bir nimadan qoʻrqdingmi? Nega boʻshashasan?— Gulsumbibi soʻrab, yana ishga mashgʻul boʻldi.

Onasining savolidan koʻzi ochilgan Gulnor, gʻayri shuuriy ravishda dudoqlarini bazoʻr qimirlatib dedi:
— Yoʻq, oʻzim, shunday.
— Boshing ogʻridimi?
— Yoʻq. Nimaga tashvishlanaverasiz?

Gulnor shu topda yolgʻizlikni, tinchlikni istar edi. U sekin-sekin yurib, kunga ters solingan, bir derazali, kichkina, qorongʻi uyga kirib ketdi.

Ayvonda qolgan Gulsumbibi qizini oʻyladi. Gulnorda oʻqtin-oʻqtin roʻy beradigan shunday xafalik, parishonlik, hammadan yashirinish, yotsinish kabi hollarni bir qancha oydan beri u sezar edi. Uylab-oʻylab sababini yaxshi anglay olmas, koʻpincha shu ikki narsani gumon qilar edi: birinchisi, kiyim-kechagi yoʻq, dorpech, palak tugul, bir qarich buyumi yoʻq, oʻz tengi qizlar orasida uyaladi shoʻrlik qizim. Yana avji oʻynab-quvonadigan paytda xoʻjayinlarning yumushini qiladi. Kir yuvadi, sigirga qaraydi, bola koʻtaradi. Ikkinchisi, Gulnorning bir kasali bor. Yosh boʻlganidan, kasalini oʻzi sezmasa qerak. Kasali oʻqtin-oʻqtin bir koʻrinish berib qoʻyadi. Xudodan boshqa tayanchim yoʻq, oʻzi asrasin!

Lekin bu gal butun aybni eri Yormatning ustiga agʻdaradi. Ota boʻlmay oʻl. Ikki gapning birida, xotin ustiga boʻlsa ham boyga, yerli-suvlikka beraman, deydi, Niyating qursin. Qizimni oʻtda yoqmoqchi boʻlasanmi? Qizim aqlli, hushli qiz, dadasining bunday badniyatini biladi, shundan xafalanadi, kuyadi. Ota oʻlgur, birovning malayi boʻlsa ham, oʻlguday kekkaygan, takabbur. Qancha sovchilarni quvib yubordi axir. Birini past odam deydi. Birini kosib deydi, birini aravakash-ovorakash deydi. Duradgor yigitning onasi qatnay-qatnay tinka-madori quridi. Ayniqsa, oʻshanga koʻnglim chopgan edi. Yigitning qoʻlida gulday hunari bor ekan, boʻydoq ekan, uy-joyi tayin ekan. Yana senga nima kerak! Endi yana boshqa bahona topibdi. «Qiz maniki emas, boy otamning qizi. U kishi oʻzlari tanlab uzatadilar!» Ul ota boʻlmay... Begona har vaqt begonaligini qiladi. Qizim baxtli boʻladimi, oʻtda yonadimi, Mirzakarimboyga baribir. U begona bizga.

Gulnor butun jihozi bir namat, tokchadagi bir necha siniq-mertik kosa, piyola va eski sandiq ustiga taxlangan bir necha eski, yamoq-yasqoq chit koʻrpadan iborat boʻlgan qorongʻi, zax uyiga kirib tanchaga oyoqlarini uzatib yotar edi. U hozirgina oʻrtogʻi Xadichaning uyidan chiqib, koʻchada hech kim boʻlmagandan va sirpanchiq loyda yurish qiyinligidan, yuzini ochib koʻzlarini yerga tikib kelar ekan, qarshida kelayotgan Yoʻlchiga yuzma-yuz toʻqnashgan edi. Gulnor bir entikib, yuzini yashirarkan, Yoʻlchining chiroyli keng yuzida, mardcha oʻtkir, jonli, teran ma’noli koʻzlarida, qandaydir, iliq, samimiy tabassum toshgan edi. Sirgʻanib, loy sachratib yugurgan Gulnor, oʻz eshigida bir nafas toʻxtab, kechinmalarini onadan yashirishga qancha urinmasin, buni eplay olmagan edi.

Qiz Yoʻlchini chuqur sevar, uning yolgʻiz ismini eshitish bilan yuragi toʻlqinlanar edi. Bu muhabbat qizning koʻngliga yoz chogʻi, Yoʻlchi qishloqdan kelgan kunlariyoq saraton quyoshi bilan birga kirgan edi. U yoz chogʻi Yoʻlchiga uzoqdan, yaqindan, daraxtlar orasidan yashirincha termulib yurgan, unga maftun boʻlgan edi. Dastlab bunday tuygʻuning mohiyatiga tushunmagan edi. Lekin muhabbat uning yuragini har kun yana chuqurroq egallab, dardni kuchaytirgan, sevgining chin ma’nosini tuya boshlagandi. Bir vaqtlar ishq mojarolarini yolgʻiz ertaklardan tinglagan Gulnor, bir qarichlikdan mehnatga uringan bu jafokash qiz, endi oʻzi ishqning olov koʻylagida yashar edi. Lekin Nurining nikoh kunigina Yoʻlchiga yaqinlashib, u bilan soʻzlasha olgan edi. Undan beri uchrashuvga, ikki ogʻiz soʻzlashuvga botina olmasdi. Ota-onadan, atrofdagi koʻzlardan qoʻrqar edi: «Falonchining qizi falonchiga xushtor boʻlganmish, falonmish, pistonmish...» kabi har xil gʻiybat va iftirolar tarqalsa, odamlarning betiga qanday qaraydi? Lekin, ikkinchi tomondan, boshqa bir xavf uning koʻz oldida yana dahshatliroq gavdalanar edi: onasining ta’biricha, boyparast ota bir kun toʻsatdan: «Boy otam falon odamni ma’qul koʻrdilar, erta toʻy, falon kun nikoh, tayyorligingni koʻraver, xotin!» desa, u nima qila oladi.

Gulnor ishqiy kechinmalar, belgisiz xayollar ichida oʻrtanib yolgʻiz yotarkan, hovlidan otasining ovozini, qoʻy ma’rashini eshitdi, bosh koʻtarib derazadan qaradi, hovlidagi tutga katta semiz qoʻyni bogʻlayotgan otani koʻrdi. Uning choponi beligacha balchiq, yuz va soqollarida ham balchiq tomchilari...
— Qizing qaerda?— baqirdi Yormat Gulsumbibiga.

Gulnor darhol oʻrnidan turdi, kavushini oyoqqa ilib hovliga tushdi.
— Suv keltir!—dedi Yormat.

Gulnor bir obdastaga suv toʻldirib, dadasiga tutdi.
— Quy oʻzing,— dedi Yormat ham ayvonning labiga oʻtirib, etik yuvishga boshladi. Qoʻllari etikni ishqalarkan, ogʻzi tinmadi:
— Uh, oʻlib boʻldim, qizim! Yolgʻiz qoʻyni haydash — nuqul azob. Eng gunohkor bandaga tongla qiyomatda bunchalik azob bermas tangrim. Ikki qadam bosadi-da, koʻcha oʻrtasida toʻxtaydi. Goʻyo oyogʻi yerga mixlangan. Harchand urinaman, oʻrnidan qoʻzgʻalsa-chi. Boʻynidan surgayman — yoʻq, dumbasiga arqon solib tortaman — yoʻq. Dumba qanday deysan? Koʻrdingmn? Bir yarim pud moy beradi. Suyagigacha moy: ertaga norinxoʻrlar maza qiladi-da!
— Har vaqt shundoq. Rohatini boshqalar koʻradi, azobi sizga!—Gulsumbibi piching qildi eriga.

Yormat boshini ortga, xotini tomonga burib, oʻqraydi va jahl aralash dedi:
— Iyya! Ablah, boshqa gap qurib qoldimi? Qoʻy qanchaga olindi degin, kalla-nochasini xoʻjayindan soʻrab oling, degin!.. Ertaga norindan yersan, buni oʻylamaysan-a.
— Har bir gapda salqitini berishadi bizlarga,— dedi-da, Gulnor onasiga qaradi. Gulsumbibi yashirinchi koʻz qisib, qizining soʻzini ma’qulladi. Yormat esa qizining bunday mahmadonaligiga gʻazablanib, qosh-qovogʻini soldi. Ushshaygan lablari bilan bir nimani pichirladi. Etikni tozalab, yuz-qoʻlni yuvib boʻlgach, koʻzlarini qizidan uzmasdan, choy icha boshladi. Bir oz hordiq chiqargandan soʻng, qizi va xotiniga qarab, uy ichiga kirib oʻtirish kerakligini, u hozir Yoʻlchini chaqirib, kun kech boʻlmasdan, ikkovlashib qoʻyni soʻyib, goʻshtini goʻshtga, moyini moyga ajratmoqchi ekanini bildirdi. Gulnor birdan jonlandi, shoshib-pishib otaning fikrini quvvatladi:
— Toʻgʻri, dada! Qoʻyni ertaroq soʻyib, saranjom qilganingiz yaxshi. Kechalik ish qursin. Hakimboyvachcha akam, bilasiz-ku, juda shoshiradi sizni.

Yormat qizdan xursand boʻldi... Pichoq, qayroq topishni va goʻsht-moy solish uchun togʻoralarni tozalab tayyor qilishni buyurdi. Gulnor hamma narsani bir zumda tayyorlab, dadasiga koʻrsatdi. Soʻngra uyga kirib, deraza oldida tiz choʻkdi. Koʻzlari Yoʻlchiga intizor javdirardi...

III

Akasining gapiga Nuri juma kuni qiyom naytida yetib keldi. Erga tekkanidan buyon bu toʻrtinchi kelishi edi. U juda yasangan, bilaklarida qoʻsh-qoʻsh oltin bilaguzuklar, barmoqlarida brilliant koʻzli uzuklar, «toybarra» nimcha ustida rang-barang tovlanuvchi, goʻyo oltin va kumushdan toʻqilgan kabi «koktilla» kamzul... U hovlida koʻrinishi bilan uy ichi bir lahzada duv koʻtarildi. Hammadan burun onasi yugurdi. Qizini quchoqlab, peshanasidan oʻpdi. Uning ketidan kelinoyilari, Nuri uchun emas, balki qaynona izzati uchun, aylanib-oʻrgilib koʻrishishdi. Gapga da’vat qilingan oʻn chogʻli qarindosh ayollar ham koʻrishib, qayta-qayta hol-ahvol soʻrashib, Maskovga ketgan kuyovining sihat-salomat qaytishi uchun har qaysi oʻz bilganicha duo qilishdi. Faqat, shuncha e’tibor, shuncha iltifotga qaramay, Nuri zerikkan kabi xomush oʻtirdi. Xotinlarning suhbatiga bir qancha minut parishon holda quloq solib, ikki piyola choyni bazoʻr ichib, oʻrnidan turdi. Oʻzini qayoqqa qoʻyishini bilmay, yuragini tirnagan kechinmalari, sirli umidlari bilan qarorsizlangan, mast boʻlgan kabi, hovlida kezdi, oshxonaga kirdi. Gulsumbibi shoʻrva uchun tandirda «lochira» yopadi. Yana ikki qoʻshni xotin oʻchoq boshida uymalanishadi. Kechki norin uchun katta qozonda yogʻli qazi pishadi. Ikkinchi qozonda qoʻy etidan shoʻrva qaynaydi.

Bir soatdan moʻlroq tentiragandan soʻng, hovlida pildirab xizmat qilib yurgan Gulnorni chaqirdi. Undan-bundan soʻzlashib, nihoyat, qandaydir bir maqsad bilan soʻradi:
— Uylaringda kim bor?
— Hali kirganimda dadam bilan Yoʻlchi akam bor edi,— dedi-da, Gulnor bu toʻgʻrida gapni uzaytmaslik uchun, tezgina chekinmoqchi boʻldi. Nuri qoshlarini chimirib, ma’noli kulgi bilan qizni toʻxtatdi ham sekingina dedi:
— Yur, oʻsha yerga chiqamiz. Ular ayvonda boʻlsa, biz uy ichida oʻtiramiz. Bu yerda zerikdim, qiy-chuv, bola-chaqa...

Gulnorning kichkina chiroyli ogʻzi hayratdan bir nafas ochilib, koʻzlari: «rostmi?» degan kabi Nuriga tikildi. Chunki qizlik vaqtida Nuri ularning kulbasiga juda oz chiqar edi: mabodo kirib qolsa, ularning koʻrpa-yostigʻidan jirkanar, tanchaga oʻtirishdan hazar qilar, buni yashirmas edi ham. Gulnor hozir Nurining mehribonligiga sevindi. Erga tegib, fe’li ancha yaxshilanibdi shekilli, deb oʻyladi. Quvonch bilan soʻradi!
— Rostmi, opa? Katta oyim indamasmikinlar?

Nuri javob bermadi, qarshi ayvonga borib, bir chetga uyulgan paranjilardan eskirogʻini oldi, onasini yolgʻiz uchratib, uni iydirish uchun erkalanib, sekingina maqsadini aytdi. Onaning koʻzlari taka-puka boʻldi:
— Bema’ni gapni gapirma, qizim, San kim, ular kim? Allakimlarga oʻxshab xizmatkornikiga chiqasanmi? Yo man kuta olmadimmi? Xohlasang, anov uyga oʻzingga alohida joy qilib berishadi, tashla paranjini!
— Yoʻq, oyi, hech nima kerak emas,— yana muloyim gapirdi qizi,— kuyovingizni joʻnataman deb charchagandim. Bu yerda yana shov-shuv. Gulnor bilan gaplashib oʻtiraman u yorda. Keyin unga ashula ayttiraman.
— Uh bay-bay, oʻzing bilasan, bolam. Koʻp oʻtirma... Ha, tagʻin,— onasi juda sekin pichirladi,— bit-miti kirmasin, ehtiyot boʻl!

Lutfiniso Gulsumbibi va Gulnorni juda ozoda-pokiza ekanliklarini, koʻrpa-yostiqlari eski boʻlishiga qaramay, har vaqt toza tutilishini juda yaxshi bilsa-da, bu gapni aytishdan toymadi Chunki u kambagʻallarning har nimasini masxara qilishga, ularni har jihatdan oʻzlaridan past tutishga, kamsitishga odatlangan xotin edi.

Gulnor Nurini uyga boshlab kirib, tagiga koʻrpacha yoyib, orqasiga yostiq qoʻyib oʻtqazdi. Bugun uning koʻngli shod, ruhi dadil edi: kecha dadasi qoʻy soʻyish bilan ovora boʻlgan-da Yoʻlchi unga qarashib turarkan, Gulnor mana shu deraza orqali uning sevgi toʻla koʻzlarini bir qancha uchrata bilgan edi. Bir soat mobaynida ular uzoqdan turib, koʻzlari, tabassumlari, yengil entikishlari bilan bir-birlarining ruhlarini, koʻngillaridagi yashirin, ezgi ma’nolarini ifoda etishgan edi.

Nurida shubha qoldirmaslik uchun, oʻzining Yoʻlchiga boʻlgan munosabatini biron harakat bilan bildirmaslikka tirishdi. Ayvonda pahlavondek ogʻir chordona qurib, magʻrur oʻtirgan va boshini quyi solib qandaydir ot asbobini tikishga jiddiy mashgʻul boʻlgan yigitga deraza orqali toʻyib-toʻyib qarashga zor boʻlsa-da, Gulnor bu kuchli orzuni yenga bildi. U oʻzini beparvolikka solib, undan-bundan soʻzlab, «zerikkan» Nuri opani ovutishga urindi.

Nuri esa Gulnorning gaplariga quloq solgan kabi, koʻrinar, lekin fikri boshqa narsalar bilan band boʻlgani uchun, soʻzlari, savol-javoblari sira bir-biriga qovushmas edi. Ba’zan bir qadar moyillanib, derazaning bir chetidan ayvonga koʻz tashlab qoʻyar edi. Uning parishonligini, istamasdan suhbat qilishini sezib, Gulnor ham jim boʻldi. Bir qancha minutdan soʻng Yormat kirib sukutni buzdi. U eski sinashta xizmatkor boʻlganidan, Nuri undan qochmas edi. Shuning kabi Gulnor ham Mirzakarimboydan qochmas, Hakim va Salimboyvachchalardan esa bir yildan buyongina chala-yarim yashirina boshlagandi. Yormat sevinganidan kaftini ishqab, kulib, tanchadan bir qadam narida choʻkka tushdi.
— Nuri opa, esonmisiz? Bizning kulbaga qadam qoʻyishingiz koʻnglimni togʻdek koʻtardi-da. Balli-balli. Man sizni oʻz qizimdan a’lo koʻrardim. Mana, toʻgʻri chiqdi Yormatning xotiri uchun kirdingiz rahmat,— dedi Yormat.

Nuri oʻrnidan qoʻzgʻalmasdan, sovuqqina soʻrashdi. Ezma Yormatning ba’zi savollariga «ha», «yoʻq» deb javob berdi. Nuri gapga e’tibor qilmaganidan, Yormat endi qiziga qarab soʻzlay boshladi, Nurining qaynatasi Najmiddinboyning bir vaqtlar machit soldirgani, kuyov Fazliddinboyvachchaning doʻkoni, savdosining zoʻrligi va hokazoni tilyogʻmalik bilan talay gapirdi. Soʻng, oʻrnidan turib, oliftanamo gerdanib, uydan chiqarkan, Gulnor toʻxtatdi: —Kulchatoydan keltiring, men ham toʻgʻrayman.
— Ozgina qoldi, qizim. Hozir Yoʻlchiboy toʻgʻrab qoʻyadi. Sizlar bemalol hangamalashib oʻtiringlar. Man tashqari chiqib mehmonlarga xizmat qilaman.

Nuri derazaga qarab, hovlida Yormatning qorasi oʻchar-oʻchmas, Gulnorga dedi:
— Juda qornim ochdi. Gulnor, sen biznikiga chiq, oyimga ayt, bir patnis yasab bersin. Pista-bodomdan koʻproq ol. Ha, kim biladi, sanda oyimning yumushi bordir, bir chiqishing kerak,— Nuri xoʻrsindi, sochlari, gʻijim roʻmolini tuzatdi.

To esini tanigandan boshlab Nurining buyruqlariga soʻzsiz boʻysunib kelgan Gulnor, hech nima oʻylamasdan oʻrnidan turdi.
— Jonim bilan, boyadan beri aytsangiz boʻlmasmidi? — Gulnor paranjisini nari-beri boshiga ildi.

Nuri uyda yolgʻiz qolarkan, yuragi qattiq urdi, lablari qaqradi, tizzalarida kuch qolmagan kabi tuyuldi. U oʻyladi: «Ayvonga chiqsammi? Yoʻq. Gulnormi, Yormatmi bostirib kelsalar, sharmanda boʻlaman. Nima qilish kerak? Derazani ochib gaplashuv qulay. Uzoqdan bir nima «tiq» etsa, yo oyoq tovushi eshitilsa, «tappa» yerga oʻtiraman. Uy qorongʻu boʻlganidan derazani ochib qoʻydim, deb bahona topaman...»

Deraza ochilishi bilan Yoʻlchi boshini koʻtardi. Uning koʻz oldida Nuri! Koʻrkam yasangan, quloqlarida, boʻynida, bilaklarida va barmoqlarida oltin ham qimmatbaho toshlar yongan kelinchak Nuri! Endi norin uchun xamir toʻgʻramoqda boʻlgan Yoʻlchi pichoqni xamirga urgan holda bir on hayratda, qoldi, butun yuzi qizarib ketdi.
— Salomatmisiz, kayfingiz chogʻmi?—dedi-da, yana xamir toʻgʻrashga boshladi.
— Kayfim chogʻ. Sizni koʻrib, yana koʻproq chogʻ boʻldi,— Nuri dadillik bilan soʻzladi va noz qilib kuldi. Soʻng bidirlab Yoʻlchining hol-ahvolini soʻradi. Vaqtning tigʻizligidan xavflanib, darrov oʻz dardini ochdi.
— Yoʻlchi aka, men sizni bu yerdan olib ketaman.
— Qaerga?—sekin soʻradi Yoʻlchi.
— Biznikiga... Bizga sizday bir odam kerak. Biznikida ish ming marta yengil. Albatta, yoʻq demaysiz, durustmi?—«Man» soʻzini Nuri chertib ketdi.— Man sizga yaxshilikni xohlayman,— soch tolalarini tishlab, koʻzlarini uchirib tikildi Yoʻlchiga.

Yoʻlchi indamadi, uning ikki qoshi oʻrtasi burishdi, oʻyladi «Aha, boyvachcha kuyovidan zerikkanga oʻxshaydi. Quvonchi uzoqqa choʻzilmabdi-da, endi mani xizmatkorlikka chaqirib, goʻdak boladay oʻynatmoqchi. Bilamiz!»

Yoʻlchi uchun Mirzakarimboydan siljish — Gulnordan ayrilish demak edi. Gulnorning bir tabassumi uning uchun hamma narsadan ma’nodor, turmushning hamma zavqlaridan ulugʻ va qimmatli edi. Gulnorning koʻzlari unga butun umrni yoritgan bir baxt va’da etar edi. Yoʻlchi atrofga koʻz yurgizib, soʻng muloyimlik bilan javob berdi:
— Shu kambagʻal qarindoshni tortqilamasdan tinch qoʻyinglar. Umid bilan shu yerda yuripti, shu yerda qolsin u. Sizga xizmatkor kerakmi? Man topib beray, yaxshi tanishlarim bor. Mani qoʻying.— U pichoqni tashlab, bir qoʻlini koʻksiga qoʻyib oʻtindi.
— Yoʻlchi aka, biznikida umidga-orzuga tezroq yetishasiz. Sizga nima kerak? Qishloqdagilarni boqish uchun pul kerak, kiyim kerak. Bizda ishlasangiz, hammasini mandan olasiz,— Nuri kulib dedi.
— Zoʻrlasangiz ham bormayman. Orzum, umidim yolgʻiz pul, yolgʻiz kiyim emas; ishlayman, topaman ularni.
— Yana nima kerak?—titrab soʻradi Nuri.
— Oʻzim bilaman.

Yoʻlchining soʻzlari, javobi Nurini esankiratdi. Chunki u bunday «dagʻal» muomalani aslo xayoliga keltirmagan edi.
— Siz juda qiyiq, juda oʻjar yigit ekansiz. Hali shoshmang, deganimga koʻnasiz axiri,— dedi-da, vaqtning tigʻizligidan xavflanib, derazani ohista yopti.

Oltinchi bob

I

Samarqanddan kelgan boylar bilan qimor oʻynab, hamma naqd aqchasini yutqizib, bir necha kun pulsiz qolgan Tantiboyvachcha oʻziga qarashli doʻkonlardan birini bugun katta pulga sotdi. Qoʻsh otli izvoshini kira qilib yaslanib, «shoʻxlik» qilish uchun yangi shaharga joʻnab qoldi.

Martning oxiri. Kunduz soat uch chamasi. Yangi shahar koʻchalari quruq va toza, ilk bahor shamollari yoqimli esadi.

Yangi uygʻongan, yam-yashil bargchalar bilan yasangan daraxtlar quyosh nurida choʻmiladi. Havo yorqin va tiniq...

Izvosh «fon Kaufman» haykali oldidan taraqlab ketdi. Bu yerda xoda yutgan kabi gerdaygan, shop moʻylov ofitserlar kezar edi. Tantiboyvachcha ularga koʻzi tushar-tushmas darrov vaziyatini oʻzgartirib, tavoze bilan dam boshini, dam butun gavdasini egar, bir muhim vazifani bajargan kabi, oʻz qiligʻi uchun oʻzi faxrlanib, moʻylovini silab qoʻyar edi.

Izvosh boshi berk koʻchada toʻxtadi. Tantiboyvachcha kira pulini toʻlab, koʻrimsiz bir darvozadan ichkariga kirarkan yoʻlakda, eski kursida oʻtirgan tanish cholga uchradi. Cholning patak soqoli kirlikdan oqini yoʻqotgan, egnida kirlanib, moylanib yiltillagan dogʻ-dugʻli, lekin diqqat bilan boqilganda, tagi asl-puxta buyum ekanligi hozir ham bilingan uzun qora kamzul, oyoqlarida eskirib olapeslangan amirkon mahsi, yirtiq kalish. Bu kishi bir vaqtlar Toshkentda va Fargʻonada dong chiqargan Shomurotboy edi. Butun boyligini aysh-ishrat, fahsh, buzuqlik olamida sovurib, u olamning toʻlqinlarida bosh aylantirgach, telbaliklar qahramoni boʻlgan, nihoyat, taqdir uni zavq-safo taxtidan uning iflos ostonasiga otgan edi.

Tantiboyvachchani koʻrgan hamono oʻrnidan turdi. Chirkin, xira koʻzlarining yoshini kafti bilan artib, koʻrishmoq uchun qoʻllarini uzatdi.
— Koʻrinmaysiz, inim Mirishoq? Jilla uzoqlashiy ketmang, dam gʻanimat. Xi-xi-xi.— Bachkana kuldi chol.
— Bormi?—dedi Tantiboyvachcha.
— Biron marta sizga topilmay qolganmidi. Pul boʻlsa boʻldi, nokmi, nashvotimi? Pul boʻlsa, naq arsh-a’lodan keltirib beradilar. Pulni choʻz, jannatning kalitini qoʻlingga tutqizaman!—dedi-da, choʻntagidan arzon papirosni chiqarib, boyvachchaga tutdi va oʻzi ham oliftalik bilan labiga qistirdi.
— Boʻsh kelmaysiz, oqsoqol! Siz bizning pirimiz, eshonimiz. Soʻzingizga ishonamiz. Xa-xa-xa...

Tantiboyvachcha choʻntagidan uch soʻmlik qogʻoz olib Shomurotboyga qistirdi.
— Rahmat, inim Mirishoq. Biron xizmat boʻlsa, tayyorman!— boyvachchaning orqasidan qichqirib qoldi chol.

Tantiboyvachcha koʻpdan tanish hovliga, atrofi ayrim-ayrim eshikli xonalar bilan oʻralgan hovliga kirdi. Xizmat qilib yurgan gʻirrom koʻzli kampirlar, yoki botgina keksaygan yosh xotinlar bilan bosh qimirlatib soʻrashgan boʻldi. Qoʻraning soʻl yogʻida, quyida, burchakka yashiringan bir uyring eshigini ochdi.
— Ehe, keling, Mirishoq aka. Har kun sizni kutar edim-da,— uzun boʻyli, qora soqolli, koʻzlari qizargan kishi joyidan qoʻzgʻalmasdan boyvachcha bilan soʻrashdi. Uning oldida patnisda bir qancha shisha pivo bor edi. Bir stakan quyib boyvachchaga uzatdi. Pivoni simirib, boyvachcha dedi:
— Xoʻjayin, bugun yayramoqchiman. Asalxon tayyorlansin!
— Qoʻying uni, boyvachcha. Zerikmas ekansiz-da,— dedi xoʻjayin.
— Oʻzi yoʻqni koʻzi yoʻq,— norozi boʻlib gapirdi boyvachcha,— uch kun koʻrinmasam, boshqasiga qoʻndiribsan-da. Haqini rosa olgan eding-ku, boʻshat uni. Man oʻshani deb keldim. Aqchaga moʻmoy kim bor yana? Koʻramiz!

Xoʻjayin bir oz oʻylandi. Tantiboyvachcha uning «sogʻim sigiri» boʻlgani uchun, xursand qilish kerak edi. Pivodan ichib, yupatdi.
— Asalxonning asalini xoʻp totdingiz, qoʻying, mumi boshqalarga qolsin. Ikkita huriliqo bor. Biri oʻris, biri oʻzimizdan. Ikkovi ham uzilmagan gul. Quling oʻrgilsin jononlardan. Man bilaman-ku!
— Bizga oʻxshash soqovlarga oʻzimizniki durust,— Tantiboyvachcha tilini koʻrsatdi,— boʻlmaydi.
— Ana shunday deng, doʻstim,— dedi xoʻjayin,— lekin siz ishratni yaxshi bilasiz. Ashulasiz, dutorsiz, suhbatsiz ishrat, yarim ishrat: hali aytganim—ashulada yakka. Boyvachcha, yana siz mandan koyinasiz. Ishim sizdek toʻrtta-beshta ogʻaynilar bilan boʻladi. Sizlar xursand boʻlsangiz shu kifoya bizga. Bilasiz, meniki — gulbogʻ. Gullarning ham shamol oʻpmaganlari teriladi. Endi narx-navosini oʻzlariga tashlayman. Zar qadrini zargar biladi. Xa-xa-xa...— xoʻjayin yana bir stakan pivo tutdi boyvachchaga.

Boyvachcha «narxi ahamiyatsiz» degan kabi, qoʻlini beparvo silkidi. Xoʻjayin oʻrnidan turib, eshikni qiya ochdi, birovni imlab, yana oʻz joyiga oʻtirdi.

Yoshlikda satang oʻtib, bu doirada sochi oqargan, lekin hali ham butun gavdasidan noz xazonini shildiratuvchi bir kampir kirdi.
— Ha, boyvachcham, enangga nima tortiq qilasan? Umidim toʻlka sandan,— Oʻynoqlandi kampir.
— Tortigʻim shu: sizga bitta kuyov topib qoʻydim. Juda chaynaydigan yigit-da!— hazillashdi Tantiboyvachcha.

Kampir unda-bunda qolgan, tishqoli surilgan tishlarini ochib qih-qih kuldi va xoʻjayinning buyrugʻini kutdi.
— Gulandomxonning uyiga olib boring boyvachchani!— dedi-da, koʻzlari va yuz harakati bilan yana nimalarnidir kampirga ishorat qildi xoʻjayin.

Tantiboyvachcha xonaga kirganida hech kim yoʻq edi. Uy jihozi boyvachcha koʻrgan boshqa xonalarnikidan farqsizdek. Ranggi bir qadar aynigan gilamcha, uzunchoq xontaxta atrofida devor boʻylab koʻrpachalar toʻshalgan, ikki yostiq. Toʻrdagi devorda kattagina oyna. Qoziqda sadaf bilan ishlangan dutor...

Boyvachcha chordona qurib oʻtirdi. Yigirma minut qadar vaqt oʻtgandan soʻng yengil ta’zim bilan Gulandom kirib keldi. Alanglagan koʻzlari bilan xotinga boshdan-oyoq razm soldi boyvachcha.
— Koʻzimiz toʻrt boʻldi, poshshaxon, bazmingizga mushtoqmiz, qoni oʻtiring.
— Sizlarning odatlaringiz shu. Har qanaqa xotinni maqtayverasizlar. Rostmi, yolgʻonmi, bilib boʻlmaydi.— Gulandom ohangdor jarangli ovoz bilan soʻzladi, soʻng oynaga yaqin kelib davom etdi,— Robiya xolam shoshirgani uchun pardozim ham chala qoldi...— Gulandom derazalarning pardalarini toʻgʻrilash bilan mashgʻul boʻldi.

Oʻn toʻqqiz-yigirma yoshli, koʻrkam xotin edi: baland boʻyli, koʻkrakli, toʻla emas, lekin miqti, dirkillama tanga ega; yuzi oftob yalagan oq yuz kabi, mayin qoramtir; koʻzlari qora va yirik. Bosh uchida, kuchsiz shamol uchira bilajak darajada yengilgina oʻralgan ipak durracha, ustida qora-oq tovlanmali uzun keng atlas koʻylak. Oyoqlarida, mahsi kabi, poshnasi bilinar-bilinmas yangi amirkon etik...

Tantiboyvachcha Gulandomga oʻz yonidan joy berdi ham oʻz odati boʻyicha, darrov xushomadgoʻylikka boshladi. Eshikni taqirlatib kampir kirdi, kichkina choynakda choy va meva-chevali patnis keltirib, patnisni xontaxtaga, choynak-piyolani Gulandom yoniga qoʻydi.
— Ena, mehmondoʻstlikni bugun doʻndirasiz,— keyin Gulandomga koʻz oʻynatdi boyvachcha,— nimalarni koʻnglingiz istaydi?

Gulandom «siz bilasiz» degan kabi, qoshi bilan chiroyli qilib imo qildi. Boyvachcha hozircha kabob, konʼyak, shirin vino buyurdi, kechga palov tayyorlashni iltimos qildi.

Gulandom kichkina choynakdan achchiq choyni ichi zarhalli piyolaga oz-oz quyib, nazokat bilan soʻzlashib «shirin» oʻtirish yasadi. Tantiboyvachcha shu vaqtgacha bazmini, suhbatini koʻrgan va hisobsiz pullarni sovurgan bir koʻp xotinlarni endi sekin-sekin unuta boshladi. Boyvachchaning koʻzida har bir xotin uning nafsi, hirsi uchun yaratilgan chiroyli meva edn. Ularga nisbatan u har chogʻ qoʻpol, har chogʻ xirpalovchi edi. Chunki u pul kuchi bilan qattiq mast edi. Mast uchun gulzor bilan shoʻrazor baravar, yanchib oʻtaveradi!

Lekin Gulandom bilan soʻzlashgan sari, u ba’zi qoʻpol harakatlardan, ablahona qiliqlardan oʻzini tiyishga tirisha boshladi. Chunki Gulandom yolgʻiz goʻzalgina emas, balki aqlli va insoniy gʻururini hali jilla yoʻqotmagan xotin kabi tuyuldi. Xoʻjayin aytgancha «uzilmagan gul» boʻlmasa ham, ruhi, qalbi bu chirkin, boʻgʻiq muhitda soʻnmagan, toʻzmagan koʻrinadi. Uning nozida, tabassumida, qiliqlarida, buzuq xotinlardagi kabi sun'iylik emas, qandaydir iliqlik va tozalik sezilar edi. Koʻzlaridagi noz-karashma oʻrnida, ba’zan bir zumda chuqur bir qaygʻu yonar edi. Bu hollarni Tantiboyvachcha chuqur anglamasa ham, gʻira-shira seza boshladi. Gulandomning ruhi, goʻzalligi uni bir qadar oʻz ta’siriga olgandan, u hozircha — loaqal ovqat va ichkilik kelguncha — u bilan odmiroq suhbat qilishni istadi. Gulandomni gapga solish uchun dedi:
— Jonim poshshaxon, qaerliksiz, qanday shamol sizni bu yerga uchirdi? Biz oʻsha shamolga qurbonmiz.
— Daftarni ochib nima qilasiz?— dedi yengil xoʻrsinib Gulandom.
— Daftar uzunmi?.. Chamasi shunaqaga oʻxshaydi. Rostini aytsam, man shu vaqtgacha hech bir ayolning tag-tugini surishtirgan emasman. Mevani uzdik-ku, bogʻbonini esga olmadik. Uzun boʻlsa qisqa qiling, shoxdan shoxga qoʻning,— moʻylovini burab tikildi Tantiboyvachcha.
— Uzun emas-ku, lekin...— Bu yogʻini aytmadi xotin.
— Aftidan, ba’zi dogʻ-dugʻi borga oʻxshaydi. Zarari yoʻq, oʻtgan ishga salavot, deb tinglaymiz-da. Olamning na’masiga quloq solsang, har xil narsa eshitasan. Qoʻlni siltash kerak. Mening bir uloqchi otim bor edi. Endi otmisan, bay-bay! Yaqinda harom qotdi. Bir xumsa otimning dangʻini tushirdi deb, kechasi oʻldirib ketdi. Qattiq xafa boʻldim. Ammo, hozir parvoyimga kelmaydi.

Gulandom kinoyali kuldi. Bodom chaqib kavshangan boyvachchaga choy quyib, tutdi. Soʻng, yerga qarab, sekin-sekin soʻzlay boshladi.
— Tagimizni surishtirsangiz, namangonlikmiz. Dadam juda yuvosh, shirin soʻz chol edi, bozorda kichkina doʻkoni boʻlib, ertalab ketib, kech qaytardi. Yoshi ulgʻayganda uylanganidan, bosh bolasi men edim, yana ikki singlim, Abdisalom degan bitta oʻgʻil ukam bor edi, yum-yumaloq, puxta-pishiq, tuygʻungina bola edi. Hammamiz uni yaxshi koʻrardik. Dadam har kuni kechqurun har birimizga atab biron narsa olib kelar, hammamizni sevintirardi. Lekin, azalda taqdirimiz qora bitilgan ekanmi, tez kunda boshimizga ogʻir kunlar tushdi. Dadam sindi, doʻkonchasini yigʻishtirib, uy ichiga qamalib oldi.
— Kishi sindimi — chetga chiqadi, singandan koʻra oʻlgan durust!—beparvolik bilan soʻzlab qoʻydi Tantiboyvachcha.
— Shoʻrlik dadam,— dasturxonning shokilasini himarib davom etdi Gulandom,— nima qilishni bilmadi. Mardikorlik qilay desa, kuchi kelmaydi. Yotib yeganga togʻ chidamaydi. Haytovur, dadam yoshligida shohi toʻqishni chala-chatti oʻrganib olgan ekan. Uy asboblaridan birmunchasini sotdi-da, dastgoh qurdi. Koʻzoynakni taqib, ertalabdan to shomgacha, ba’zi vaqt kechalari ham toʻqidi.
— Hamma kosib shunday boʻladi, jonim! Kosibchilik umrning egovi,— choyni hoʻplab-hoʻplab, goʻyo oʻz-oʻziga aytganday gapirdi boyvachcha.
— Ammo,— davom etdi Gulandom,— bozor kasodligidanmi yo ishi yaxshi unmaganligidanmi, dadam toʻquvchilikdan yalchimadi. Tirikchilik toshi benihoyat ogʻir boʻlar ekan, Bizlarni zoriqtirmaslik uchun ayam tikish tika boshladi. Men u vaqtda oʻn uch yashar edim. Har kun qoʻshnimiz otin bibida qiyomgacha oʻqib, keyin to kechgacha, koʻpincha, kechalari ham ayamning yoniga kirib tikish tikdim.
— Oʻqiganmisiz?—dedi uning soʻzini kesib boyvachcha.
— Oʻqiganman. Navoiy, Fuzuliyni ham oʻtganman...— javob berdi Gulandom.
— Da, aylanay otinchadan!—koʻkragiga bir urdi boyvachcha.
— Ilgari nima kerak boʻlsa dadam bozordan keltiraverardi. Biz bilmas edik bahosi qancha, dadam pulni qaerdan oladi?.. Tirikchilik boshimizga tushgandan keyin hammasini bila boshladik. Eng bemaza, eng arzon shoʻrva-shultini qaynatish uchun igna bilan quduq qazish kerak boʻlar ekan. Xotinlarning mehnati ayniqsa qadrsiz, suv tekin boʻlishni oʻshanda bildim. Ona-bola jahdu jadal bilan tikamiz, har hafta atigi yarim soʻm, uch tanga oʻzimizga qoladi. Roʻzgʻordan shunday tanglik tortdikki, gapirsam, balki ishonmaysiz. Qish vaqtlarida dadam zax doʻkonda ishlagani uchun oyoq ogʻrigʻi boʻlib qoldi. Uydagi eng kerakli asboblarni sotaverdi. U bironta asbobni — buyumni qoʻltiqlab uydan chiqarkan, biz ona-bola hoʻng-hoʻng yigʻlab qolardik. Narsaga emas, cholning ahvoliga achinar edik. Peshanam qursin, boyvachcha aka, gʻam ustiga gʻam koʻrdim. Men oʻn beshga kirganda ayam oʻldi. Hali qirqqa bormagandi. Yosh ketdi. (Gulandom bir nafas toʻxtab, bir «uh» tortdi. Koʻzining chuqurligidan kelgan tomchilarni artib yana sekin soʻzlay boshladi.) Ayam oʻlgandan keyin ahvolimiz yana ogʻirlashdi. Uning ma’rakalarini oʻtkazish uchun uyimizni qoqladik, qarzga botdik. Men ukalarimni yuvib-tarab, kechqurun bir qoshiq obi yovgʻon qaynatib, bolalarning yetimligini bildirmaslikka urindim. Borni tejab, yoʻqni yoʻndirib, dam och, dam chala qursoq boʻlib yashadik. Ukalarimni, dadamni sevganimdan, har qanday ogʻirlikni orqaga tashladim. Bolalarni quvontirishdan boshqani oʻylamadim. Yoshim oʻn oltiga rosa toʻlgani yoʻq ediki, bir paxtachi boydan xotin ustiga sovchi chiqdi, yoshi ellikdan oshgan ekan, oʻgʻil-qizlari koʻp, lekin pul quturtirib, yosh qizga uylanishni orzu qilgan. Hozir hamma yerda puldorlar shunday qilishadi. Boshqalar osh-nonga zor boʻlsa, ular qizga zor! Yoshi ham, qarisi ham.
— Boylar tekinga olmaydi, pul xarjlaydi, jonim,— Gʻulduradi boyvachcha. Gulandom bir oz sukutdan soʻng davom etdi:
— Dadamning yor-ogʻaynilari, qoʻshnilarimiz buni ma’qul koʻrishadi, bechora cholning boshini aylantirishadi, shu bahona bilan belingni bir oz koʻtarib olasan, degan ma’noni ochiq aytmasalar ham, imo bilan bildirishadi. Dadam bir kun kechqurun ovqatdan keyin, oʻzining qariligidan, kambagʻalligidan gapirdi, ancha vaqt boshini egib xomush oʻtirdi. Keyin koʻz tirikligida meni uzatmoqchi boʻlganini, haligi Tolibjonboyga xotin ustiga berishga ilojsizlikdan, rozi boʻlganini uch-toʻrt ogʻiz soʻz bilan bildirdi. Men, ixtiyor sizda, kimni ma’qul koʻrsangiz, roziman dedim. Dadam hoʻngrab yigʻlab yubordi. Oʻrnidan turib, nafasini tuta olmay, bukchayib eshikka chiqdi. Farzand oʻgʻilmi, qizmi baribir ota-onaning yuragi boʻlar ekan. Chol bechora oʻsha kunlari xafalikdan choʻpday qotib ketdi. Dastlab, men ham xafa boʻldim. Keyincha dadamning ahvolini oʻylab, aql tarozisi bilan tortib koʻrib, taqdirga rozi boʻddim. Tolibjonboyning keksa kishi ekanini, bolalari koʻpligini qoʻshni xotinlardan eshitganimda ichim achisa ham, shunday dedim: bu savdo yolgʻiz mening boshimda emas, yurtda qancha qizlar sotilib-sovrilib ketayotipti, dadam maxallaning keksa kambagʻali-ku, tuppa-tuzuk odamlarning qizlari ham pul uchun ikkinchi emas, uchinchi xotin boʻlib uzatiladilar... Uh, menda ham oruzlar, havaslar bor edi. Oʻzimga munosib yigitga tegib, bechorachilik bilan boʻlsa ham, tinch, koʻngil bilan umr kechirishni istar edim. Keksa kishiga, yana kundosh ustiga tushishni xayol qilganmidim? Lekin, vaqti kelganda, koʻndim, ukalarim tinch, toʻq yashasin dedim.
— Ha, buni yaxshi qilgansiz, aylanay sizdan, doʻndiqcham!— Tantiboyvachcha xotinga yana yaqinroq suqilib, uning deraza yuqorisidan tushgan oftobda qora olov kabi yongan sochlarini silab qoʻydi.
— Toʻy katta boʻlmadi,— davom etdi Gulandom,— ham juda sovuq toʻy boʻldi. Lekin dadam besh yuz soʻm naqd pul oldi. Toʻyimdan ikki hafta oʻtar-oʻtmas bir, kampirga uylandi. Ukalarimning kir-chirini yuvib, bagʻrida olib oʻtirsin, deb bu ishga men oʻzim bosh qoʻshdim.
— Boy akamiz qanday ekanlar? Oti Tolibjonboy dedingizmi? Men tanimas ekanman-da. Fargʻona boylaridan koʻpini taniyman. Oralarida qalin ogʻaynilarim bor. Lekin shu zamonda boylar koʻpaydi. Hammasini bilish qiyin,—dedi Tantiboyvachcha.
— Toʻgʻri, boylar koʻpaydi. Ammo, kambagʻallar, gadoylar-chi? Ularning son-sanogʻi yoʻq. Qayoqqa qarasang kambagʻal, bekorchi, nonga zor odamlarni koʻrasan,—Gulandom choydan bir hoʻplab, yana oʻz hikoyasini boshladi.—Men — Oʻn oltiga rosa toʻlmagan qiz, birdan yot va katta oilaga tushib qoldim. Tolibjonboyning besh oʻgʻli, uch qizi bor ekan. Ikki oʻgʻli uylangan, bir qizi erga tekkan, nabiralari ham bor... Kundoshim badjahl, shangʻi xotin ekan. Uch kun oʻtmay, boshimda tosh chaqishga boshladi. Har bir ish uning buyrugʻi bilan boʻladi, hech nimaga meni biylatmaydi. Boy ertalab ketib, kech qaytadi. Uydagi sinoatni yaxshi bilmaydi. Urish-janjal koʻpaymasii, deb butun dardimni ichimga yutaman. Bir kundosh zulmi emas, bir qarich boladan to kattalarigacha hammalari menga dushman. Nihoyat, dardim yuragimdan toʻlib-toshib, ba’zi gaplarni erimga ayta boshladim. Boy nima dedi? Kuladi qoʻyadi. Sen yaxshi boʻl, oʻzlari insof qilishar, dedi. Shu tariqa bir yil qadar azobda yashadim, oʻrtada boy ham oʻlib qoldi. Kechasi bir ziyofatdan qaytib laxta-laxta qon qusdi, azonga yaqin jon berdi. Bilmadim, birov zaharlaganmi, haytovur, vaqti-soati yetgan ekan. Boyning ma’rakasi oʻtmasdanoq kundoshim ham oʻgʻillari, qizlari uydan quva boshladi meni. Qoʻni-qoʻshnilarimiz, meros olmaguncha hech qayoqqa ketma, deb maslahat berishdi. Hammasi, merosingni ol, boyda yer koʻp edi, pul koʻp edi, deyishadi. Qanday olaman, buni oʻrgatgudek odam yoʻq. Mahkamani bilmasam, qozixonani bilmasam, qaerga boraman? Dadam yuvosh odam boʻlganidan, bunday gʻavgʻolardan har vaqt qochar edi. Boyning oʻgʻillari bir tan boʻlib, menga kaftday yer, bir tiyin pul bermaslikni ochiqcha aytishdi, menga allaqanday qogʻozlar koʻrsatishdi. Kuching yetsa, mana shu vasiqalarni yanchib oʻt, deb oʻdagʻaylashdi...

— Boʻshang ekansiz-da,—Tantiboyvachcha uning soʻzini kesdi,—manjalaqilik qilib, dodlamadingizmi, yuzlarini yulib timdalamadingizmi? Pul ustida har qanday janjal koʻtarsangiz ayb boʻlmaydi. Pul shunday aziz narsa!

Gulandom qaygʻu aralash kuldi va «shoshmang!» deb soʻzini davom ettirdi:
— Manga ham bir mehribon topilib qoldi. Boyning gumashtalaridan Oqiljon degan biri meni himoya qildi. U bir kun qoʻshninikiga meni chaqirib olib, hamma ishni unga topshirishimni soʻradi. Men eshik orqasida turib gapirdim, yalindim, nomimdan da’vo qilishni topshirdim. Oqiljon gazet oʻqiydigan, zakunchi odam ekan. Boyning oʻgʻillari bilan bir qancha oy talashib-tortishdi. Nihoyat, boyning oʻgʻillari qozilarga, katta-kon toʻralarga porani koʻproq berib, yer-suvdan tamom mahrum qilishipti, menga olti ming soʻm pul berishga rozi boʻlishipti. Oqiljon menga toʻrt ming soʻm pul berdi, ikki ming soʻm qozilar, amaldorlarning qorniga ketdi, dedi. Shunga ham juda sevindim. Toʻrt ming soʻm oz pulmi! Shu oʻrtada Oqiljon uylanish uchun menga sovchi kirgizdi, dadamga ham oʻrtoqlarini yubordi. Pulingizni ishlataman, yer-suv qilaman, ,siz boyvuchcha xotin boʻlib davri-davron surasiz. Ukalaringiz oʻz bagʻringizda boʻladi, deb boshimni aynitdi. Oʻzi yaxshigina, siz tengi kishi edi, ham meni himoya qildi. Shuning uchun rozi boʻldim. U qoʻlimdan pulni oldi. Ish taraqlab, pul koʻpaygandan keyin, birvarakay ichqi-tashqi dangʻillama imorat saloman, dedi-da, yomongina bir hovlini ijaraga oldi. Oʻzi savdogarchilikka kirishdi. Yaxshi gapirdi, siladi-siypadi. Shunday qilib uch oy oʻtdi. Bir kun, u, Buxoroga joʻnayman, deb qoldi, ana unday mol keltirib, mana munchaga sotaman, falon-piston, deb hovliqdi. Yoʻl uchun darrov patir non yoptirdi. Boy erimnikidan gilam va boshqa asboblar olib chiqqan edim. Dastmoya moʻl boʻlsin, deb ularni ham sotdi, bir duxoba kamzulimni Buxoroda sotish uchun oldi. Yolgʻiz qolma deb allaqaydan bir kampirni topib keldi. Xoʻshlashib, oʻzi joʻnadi-ketdi... Oqiljon oʻn besh kunda qaytmoqchi edi. Bir oy oʻtdi — yoʻq, ikki oy oʻtdi — yoʻq. Na xat bor, na xabar! Savdoga qiziqib qolgandir, deb oʻyladim, xudodan unga oq yul tilab oʻtirarerdim. Pul tashlab ketmagani uchun, qaqir-ququrni sotib xarjladim. Besh oy oʻtganda juda tashvishlandim. Uni, albatta, birrv oʻldirib, pulini oldi dedim. Toleim qursin, deb yondim, kuydim. Folbinlarga bordim, aziz-avliyolarga nazir atadim. Oqiljondan dom-daraq yoʻq. Sakkiz-toʻqqiz oyda Oqiljondan bir xat keldi. Savdogarlardan oldin xat keladi, keyin oʻzlari kelishadi, dedim-da, sevinib, xatni ochdim. Oʻsha paytda yerga yiqilayozdim...
— Xatda nima depti zakunchi Oqiljon?—qiziqish bilan soʻradi Tantiboyvachcha.
— U gʻirt muttaham ekan,—javob berdi Gulandom,— aytiptiki, men bola-chaqali odam, yanglishib, yoʻldan ozib sizga uylangan ekanman: niqohimdan chiqdingiz, meni kutmang, shunga oʻxshash gaplarni yozipti uying kuygur.
— Obbo qiztaloq shaytonning domlasi ekan-a! Zakunchilarning koʻpi shunaqa boʻladi, bilaman,— dedi Tantiboyvachcha papirosini tutatib.
— Boyvachcha aka, dunyoda shunday moʻltoni, tulki odamlar boʻlar ekan, qaysi yurtda, qay shaharda ekanini yozmapti. Qaerga boraman? Yonimda kimim bor Kunlarcha, haftalarcha qargʻadim. Endi sutishga hech narsam qolmagan edi. Yana tikish tikdim. Bu oʻrtada dadam qazo qildi. Ukalarimni uzoq yaqin qarindoshdarimiz olib ketishdi...

Men bilan yashaydigan kampir bozorchi xotin edi. Bir kun bozordan qaytib, menga kuyov topganligini soʻzladi. Bir mirza yigit topdim, toleing endi ochiladi, deb vaysadi. Erga tegish xayolimda ham yoʻq edi. Chunki erkaklardan yaxshilik chiqmasligini bilgan edim. Lekin ota-onadan ayrilib, ukalarimdan uzoq qolganim uchun yuragim dilgir edi. Haligi kampir yonimdan ketib qolsa, tanho yasholmas edim. Ustimda bitta chit koʻylakdan boshqa narsa qolmagandi. Shunday boʻlsa ham koʻnmadim. Ammo kampir oʻlgur mirza yigitni maqtayverdi. Bir kun u mendan byosoʻroq, haligi yigitni hovliga boshlab keldi, tamosha qil, tagli-taxtli odamning bolasi, dedi. Hovlida kulib, turgan yigitga eshik tirqishidan qaradim. U yosh, kelishgan yigit ekan, boshida yangi tagdoʻzi doʻppi, ustida oq shohi kamzul, beqasam toʻn... Ukalarimni boqsa tegaman, dedim kampirga. Kampir u bilan soʻzlashib, keyin rozi ekanini bildirdi. Ertasi kun yana keldi, kampirga, menga bir quchoq kiyim, har xil meva-cheva keltirdi. Endi undan qochmadim. U nikoh oʻqitmadi. Toshkentga borib, ota-onalarining oldida toʻyni qilmoqchi ekanini soʻzladi, bir hafta, oʻn kun ichida yana qaytamiz, deb yalindi. Toshkentga borib, mirza yigitning ota-onalarini, uy-joylarini koʻrish qiziq koʻrindi shekilli, rozi boʻldim. Toshkentga keldik. Meni izvoshga oʻtqazib, toʻppa-toʻgʻri nomer degan joyga olib keldi, kichkina bir uy ichiga tiqdi. Toʻy qani, nikoh qani, otasi-onasi qani, uyi qaerda?—hammasi yolgʻon ekan. Mirza yigitim oʻlgur ashaddiy shaloq, buzuq yigit ekan. Hammasini keyin bildim, koʻzim ochildi, befoyda?.. Yoʻl-yoʻriq bilmasam, bu yerda biron tanishim boʻlmasa, dodimni kim tinglaydi? U meni sallalikka ham, shapkalikka. ham roʻbaroʻ qilishga urindi. Bora-bora shu yerga keltirib, oʻzi gʻoyib boʻldi. Yana menga oʻxshash bir shoʻrlikni, bir gʻarib benavoni qidirib ketdi shekilli...

— Shu yerning odami u. Har shahardan doʻndiqlarni ovlaydi. Qoʻlga tushgansiz. Taqdirda yozilganni koʻraverasiz. Xafa boʻlmang, jonim?— yupatishga tirishdi Tantiboyvachcha.
— Xudo meni yer yuzida eng badbaxt qilib yaratgan ekan. Bu iflos yerga tushirgandan koʻra, jonimni olgani yaxshi edi. Buzildim, odamgarchiligim qolmadi, suratim odam, boyvachcha aka, mendan hayvon yaxshi...— Gulandom boshini quyi solib, qoʻli bilan koʻzlarini yashirdi.
— Xafa boʻlmang,— Gulandomning qoʻlini tortib, dedi Tantiboyvachcha,— Oʻz shahringizga ham qaytib qolarsiz. Sizga maslahatim shuki, siz odamini toping, ishrat qiling. Siz endi meniki, qoʻldan chiqarmayman...
— Baribir emasmi? Siz ham yot erkak. Siz mendan nima kutasiz, ma’lum; bu yerdan qochsam tuzalardim, balki,— Gulandom yuragidagi dard mavjini quygan kabi ogʻir xoʻrsindi.
— Men sizning qadringizga yetaman. Yana bir necha ulugʻvor doʻstlarim bor. Keyinroq ular bilan tanishtiraman. Siz bizni xursand qiling, xoʻjayinga bildirmasdan pul yigʻing. Ana unda ura qochasiz. Sizni yolgʻiz pul qutqaradi, tushundingizmi?
— Pulni sizlardan xoʻjayin yulib oladi-ku. Shu vaqt kampir ovqat va ichimliklar keltirdi va Gulandomdagi noxushlikni sezib dedi:
— Xursandchilikni qoʻldan bermanglar. Gulandomxon, hali senga nima degan edim? Boyvachcha akangni mast qil, xursand qil, gulim,— kampir chiqib ketdi.

Tantiboyvachchaning iltimosi bilan Gulandom yarim stakan vino ichdi. Yuzlarida nim rang qizillik yondi. Boyvachcha ovqat yeb, ustma-ust ichib, hislarini quya boshladi. Qoʻllari Gulandomning koʻkraklarida izgʻib qoldi...

Gulandom bunday turmushga nafrat qilar, bu iflos doiradan, fahsh uyasidan qutulishni istar, ukalarini sogʻinar, ularni oʻz bagʻriga olib, har qanday mashaqqatlarga chidab, tiriklik toshini oʻz qoʻli bilan aylantirishni orzu etar, lekin, mirza yigitga aldanib, Toshketga kelganidan buyon u butun nafratiga qaramay, fahshning mast qiluvchi dudiga istar-istamas, koʻproq qaygʻudan, alamzadalikdan oʻrgana boshlagan edi. Hasratini dutor va qoʻshiq bilan eritishga tirishar edi. Erkak bilan sirli suhbatlar yasaganda ichkilikdan, nozi-ishvadan dastlab oʻzini tiyishga harakat qilsa-da, lekin koʻpincha bunga erisha olmas edi. «Mehmon»ning koʻngli uchun ozgina ichgach, keyin vinoning unuttiruvchi, yupattiruvchi ta’siriga aldanib, ancha-muncha ichib qoʻyganini oʻzi bilmay qolar edi.

Bugun ham shunday boʻldi. Tantiboyvachcha yarim stakanni qistab ichirgandan soʻng, oʻzi sekin-sekin yarim shishaga yetkazdi. Yuzlari yondi, koʻzlari mast porloqlik bilan suzildi.

Tantiboyvachcha anchagina mast boʻlib, ogʻzigʻa kelganini valdirashga boshladi. Har munosabat bilan oʻzini maqtadi. Gulandomga suykaldi, uning atlas koʻylagi ostida bolqib turgan koʻkragini oʻynadi. Keraksiz boʻlsa ham, tantilik uchun har xil ovqatlar, ichimliklar buyurdn.
— A, oʻrgulsin,— Tantiboyvachcha qoziqdagi dutorni koʻrsatdi,— chaling, bir shingil ashula qiling.

Gulandom dutorni olib sozlarkan, dedi:
— Dutor boʻlmasa, bu zindonda yuragim yorilib oʻlar edim. Bir qarichlikdan dutorni sevaman. Bir qoʻshni kelinchakdan oʻrgangan edim. Koʻp chala berma, buzilib ketasan, derdi onam boyoqish, aytgani keldi... Lekin ayb dutorda emas!..

Atlas koʻylakning keng yengini tirsakka qadar shimarib, ilon boshli oltin bilaguzuk chirmashgan toʻla, goʻzal bilaklarini ochib dutorni chertdi. Uning barmoqlari dutor qillarida mohir oʻynadi. U erkakcha — shahd bilan chaldi. Qillar qandaydir chuqur mung bilan yangradi. «Rohat»ni eshitib Tantiboyvachcha: «Ezib yubordingiz, jonidan!»—qichqirdi va bangi kabi bir «doʻst» tortdi.
— Yana nimani?— tabassum bilan soʻradi Gulandom.
— Men, toʻgʻrisini aytsam, maqomlarni bilmayman,— Gʻuldirab gapirdi Tanti.— Bilsam nomlaridan adashaman. Chalavering, nimani chertsangiz, oʻsha bizga yoqadi. Bir shingil ashula ham qoʻshing!

Gulandom oʻylamasdanoq, dutorni chertib, yengil, shoʻx ashulani boshladi. Uning ovozi mayin, toza ovoz edi. Ashulani bitirib, dutorni devorga suyab qoʻydi.
— Qornim toʻygani uchun yaxshi aytolmadim,— kuldi Gulandom.
— Nima dedingiz? Qorin och boʻlishi kerakmi!— hayron boʻlib soʻradi Tantiboyvachcha.
— Bilmadim, men bir vaqtlar uyda, qarindoshlarimiz orasida ashula aytgan edim.— Gulandomning koʻzlari bir onda dard bilan suzildi, vinodan bir qultum yutib, davom etdi.—Dadam keldi: «Bolam, qorning toʻq ekan, ovozing xira chiqdi», dedi. Biz tushunmadik. Keyin oʻsha narsani hikoya qilib berdi, hali ham yodimda. Bir zamonda,— dedi dadam,— Aflotun degan bir hakim oʻtgan ekan. U hech tinmasdan fikr qilar ekan. Lekin fikr qilganda, soqolini bitta-bitta yulib olaverar ekan. Qoʻlini band qilish uchun bir nima oʻylab chiqarishga urinipti. Axir bir tanbur yasabdi. Tanburi jaranglamabdi. Hayron boʻlib oʻtirgan ekan, koʻchadan hali baland ovoz bilan ashula aytib oʻtgan yigitlar, yana ashula bilan qaytishibdi. Lekin, yigitlarning ovozi endi juda sust, boʻgʻiq eshitilibdi. Aflotun yugurib eshikka chiqibdi, yigitlarni toʻhtatib soʻrabdi:
— Bolalarim debdi, hali ovozlaring juda baland, yangroq edi, endi nimaga sust boʻlib qoldi?—yigitlar kulib shunday javob berishibdi: «Hali qornimiz och edi. Ziyofatga borib, koʻp yedik, koʻp ichdik. Qornimiz toʻyib, ovozimiz pasaydi». Aflotun darrov uyga kiribdi, tanburga qarab, qorning toʻq ekan, debdi-da, tanburning ichini kavlabdi. Ana shundan keyin tanbur jaranglab chalinibdi. Aflotun tanburni chalib, soqolini yulmasdan, fikrga shoʻngʻibdi... Qalay? Dadam bunday gaplarni juda koʻp bilar edi, bizlarni hech zeriktirmasdi...
— Qiziq ertak ekan otincha, endi sira zerikmaydigan boʻldim. Qani, oʻsha Aflotun hakimning sogʻligʻiga ichaylik!— Tantiboyvachcha kula-kula stakanni koʻtardi.
— Oʻlganlarning sogʻligʻiga ichadilarmi?— kuldi Gulandom.
— Xoʻp, ishqilib jannatda soqolini yulmasin... yana xonish qiling...

* * *

Kechasi Tantiboyvachcha izvosh kira qilish uchun koʻchaga chiqdi. Darvozadan bir oz narida turgan baland boʻydi, gavdali odamga tikildi, izvosh fonarining xira yorugʻida tanish yuzni uchratdi.
— Yoʻlchiboy? Nima qilib turibsan, Salim shu yerdami? — Ikki soat boʻldi, anov eshikka kirib ketgan edi,— dedi Yoʻlchi.
— Hozir soat oʻn bir. Tez chiqmaydi. Meni eltib qoʻy. Shoshma!

Yoʻlchi soʻzlaguncha, Tantiboyvachcha qorongʻida yoʻqoldi. Bir ozdan keyin paranjiga oʻralgan xotin bilan birga keldi, shoshib-pishib izvoshga oʻtirishdi. Yoʻlchi, Salimga xabar bermadik, deb e’tiroz qildi. Tantiboyvachcha qoʻlini sekin silkdi.
— Qoʻyaver, xoʻjayin — men. Chol qulamay turibdi. Qulagan kun ularning yoqasyni boʻgʻaman, merosimni da’vo qilaman! Man kim, hayda...

Chorsuga yaqinlashganda, Tantiboyvachcha chap tomondagi kichkina koʻchani koʻrsatdi. Izvosh toʻxtarkan, boyvachcha oldin xotinni tushirdi, oyogʻi ostidan bir oʻris savatini olib Yoʻlchiga tutdi: «Olib kir!»

Boyvachcha kavakchadan choʻp tiqib zanjirni tushirdi, kattagina ogʻir darvoza «gʻurr» etib ochildi. Qop-qorongʻi, uzun yoʻlakdan oʻtib, tashqari hovliga chiqildi. Boyvachcha bir uyni ochib, chiroq yoqdi. Yoʻlchi savatni deraza ostiga qoʻydi. Undagi shishalar chiroqda yarqirardi. Tantiboyvachcha koʻrpachaga bemalol oʻtirib, doʻppisini bir chekkaga otdi. Dahliz tomonga qarab qichqirdi:
— Kiravering, jonim!

Atlas koʻylak, ipak durrachasi, koʻrkam sochlari bilan yonib-yashnab Gulandom kirdi. Koʻzlarini chiroyli suzib eski kiyimda, lekin kuchli, magʻrur, kelishgan Yoʻlchiga tikildi va boyvachchaga qarab dedi:
— Akam sodda dehqon yigitga oʻxshaydi. Sodda boʻlgani yaxshi. Negaki, shumlarning qoʻliga tushib, ne balolarga giriftor boʻldim. Nihoyat, mana bu yerga ham keldim.
— Yomon yerga keldingizmi? Qarang...— Tantiboyvachcha mehmonxonaning jihoziga ishorat qildi.
— Hammasi joyida!— Mehmonxonaga koʻz yugurtib dedi Gulandom,— hayronman, shu qadar bosh bilan shuncha narsani yigʻdingizmi?—Gulandom kinoya bilan kuldi, Yoʻlchi ham beixtiyor kulib yubordi. Tantiboyvachcha Gulandomning soʻzini hazil deb oʻylagan boʻlsa kerak, ahmoqcha tirjaydi qoldi.

Gulandom gugurtni tokchadan olib, boyvachchaga imo qildi-da, eshikka chiqdi.
— Qarshida...— xotinning orqasidan qichqirdi Tantibayvachcha. Soʻng Yoʻlchiga qarab:— Shoshma, ketarsan. Shishani ol, ichamiz. Ha, Salim, Hakimlarning jagʻini ezaman, uka. Lekin chol hali baquvvat, iligi sogʻ. Bir kun koʻzini yumar axir. Xotinimga tegadigan merosdan mani quruq qilishga urinishadi ular. Lekin boʻsh kelmayman!
— Eldan burun gʻovgʻa koʻtarib nima qilasiz? Xoʻp, man ketdim,— Yoʻlchi eshikka burildi.
—Shoshma, ichsang-chi bir piyola? yoʻqmi! Boʻlmasa mana buni ol.— Boyvachcha kissasidan bir soʻlkavoy olib gilamga tashladi.
— Rahmat, Mirishoq aka, olmayman,— toʻngroq javob berdi Yoʻlchi.
— Bu yoqqa qara, tentak! Kambagʻal boʻlsang ham oʻlgudek odmisan, balandda yurasan, bilaman. Bu fe’lingni tashla, uka! Man sanga ikki ogʻiz gapiray: birinchidan, pulning qadrini bil, loʻlining eshagini sugʻor, pulini ol. Sanga yarashadi, negaki, kambagʻalsan. Shunday qilib pul topmasang sira odam boʻlmaysan. Bu zamonda farishtaga ham pul kerak. Ikkinchidan, puldorlarga egil! Atrofdagi odamlar bari puldor odamlar, mana togʻang, Hakim, Salim, men, yana qancha boylar bor! Ularga egilsang, boshingni silaydilar. Sani koʻp sinadim, san unday emassan. Tashla bu qiliqni! Pulni ol!..— Qizil gilam ustida yarqirab yotgan kumushga ishorat qildi.

Yoʻlchi Tantiboyvachcha tomon bir qadam yurdi. Lablari titrasa-da, oʻzini sovuqqonlikka solib soʻzlashga tirishdn:
— Balli bu nasihatga! Yigitning yuragi, nomusi, odamgarchiligi puldan aziz, puldan yuqori emasmi? Puldorlarga egilish pastkashlik emasmi? Egiluvchi bilan tilanchi orasida nima farq bor? Oz boʻlsa ham peshana terim bilan topaman, suqtoylik, moʻltonilikka sira yurmayman! Egilsam boshimni silaysizlarmi? Yoʻq, tek turay, boshimga tayoq bilan uringlar, ha, shu yaxshi!

Tantiboyvachcha bir piyola vinoni simirib, labini burishtirdi-da, Yoʻlchiga qarab, «afsus!» deganday kallasinn qimirlatdi.
— Haligi jononni koʻrdingmi?— hovli tomonga qarab qoʻyib gapirdi Tantiboyvachcha.— Bugun bazm... Koʻngilga tegdimi, yana oʻz joyiga eltib qoʻyamiz. Yana boshqasi, mundan sozrogʻini qoʻlga ilamiz. Gap pulda. Shu jonon ham bir musulmonnnng qizi. Aslini surishtirsang, ota-onasining quchogʻidan uni pul kuchi surgab chiqqan! San hali yoshlik qilasan. Yigitlik emish. Bu qanday puchak soʻz!
— Manimcha,— Oʻylanib gapirdi Yoʻlchi,— ayb yolgʻiz pulda emas. Ayb odamlarda, toʻgʻrisi, puldor akalarda. Pulga suyanib har bir noma’qulchilikni qiladilar. Pulning kuchidan boshqacha foydalanishga yoʻl yoʻqmi? Mana, bir musulmon qiziga qilgan yaxshiliklaring?..—Yoʻlchi keskin harakat bilan qayrilib, tashqariga otildi.

Jimjit, qorongʻi koʻchalardan otni qattiq haydab ketdi. Hushtak, shaqildoq chalgan tanho qorovul koʻlkalari unda-bunda uchrab qolar edi. Yoʻlchi Gulnorni koʻz oldiga keltirdi. Mast, ablah Tantiboyvachchaga yana qattiqroq gapirmaganiga afsuslandi. Salimboyvachcha ham bir kambagʻal qizni quchoqlab, hozir ishrat qiladi. Uning gandiraklab chiqishini kut, qachon chiqadi? Bugun uyqu yoʻq. Ertalab dalaga joʻnaydi. Butun kun yer haydaydi!

Oʻrdadan oʻtganda daraxtlarni, uylarni xira nur yoritdi: yengil bulutlar orasidan oyning bir parcha kumushi koʻrinib qoldi...

Yettinchi bob

I

Nurnning hovlisidagi giloslar gullagan. Ularning oppoq koʻrkam gullari quyosh nurida juda nafis tovlanar, sonsiz arilar va bahor qoʻngʻizlari gullar orasida uchishib, ajib musiyqa tarqatardi. Gullar hidiga toʻlgan iliq, mast qiluvchi havo... Laylak kelganiga ancha vaqt boʻlgan esa-da, allaqaydan tomda oʻynagan bolalarning ovozlari eshitilar edi.

Laylak keldi, yoz boʻldi,

Qanoti qogʻoz boʻldi...

Nuri giloslar ostiga qoʻyilgan, panjaralari koʻk boʻyoq bilan sirlangan katta yogʻoch karavotga qalin koʻrpacha yoyib, yostiqqa yonboshlab oʻtirar edi. Qarshisida, Nuridan oʻn qadam narida Gulnor, dam sekingina qoʻshiq aytib, dam Nuri bilan u-bu toʻgʻrisida gaplashib, kir yuvar edi. U, bukun shod, bahor uning nash'asiga nash'a, goʻzalligiga goʻzallik qoʻshgan!.. Yenglari shimirilgan, tiqmachoqday oq bilaklar quyosh nurida kumushlanar, sochlari quyuq, kipriklari mayin yonar edi.

Nurining qaynanasi goh-goh kelib, Gulnorga boqishar va uni maqtar edi.
— Qop-qop oltin-kumush toʻkib olsa azriydigan qizsan. Ilohim baxtli boʻl! Onangga, otangga rahmat, senga ish oʻrgatishipti...

Qaynananing soʻzlarini oʻziga piching deb bilgan Nuri, labini burib, achchiqlanib dedi:
— Oltin-kumush qursinki, hammaning oyogʻiga toʻkilaversa... tuproqmi?!
— Voy, Nuriniso,— qoshlarini ma’nodor chimirib javob berar edi qaynana,— eshitmaganmisiz, qadimgilardan qolgan bir gap bor: qizga oltin taxt emas, barmoqday baxt tila... Ajab emas, baxti ochilib, Gulnor ham yaxshi, obroʻli joylarga kelin boʻlsa... Ha, bu oltin-kumush emasmi!
— Quda xola, undoq maqtayvermang mani. Ishdan aynib qolaman. Manday xizmatkor, kambagʻalning qiziga yarasha bir kambagʻal topilib qolar. Oʻzi yaxshi boʻlsa, aqli boʻlsa — bas.— Kulib der edi Gulnor.

Nurining hech qanday soʻzga, ishga tobi yoʻq edi. U oʻz rejasini yuzaga chiqara olmagani uchun, dam gʻazablanar, umidsizlanar, dam yana yangi hiylalar toʻqishga urinar edi. Yoʻlchini yodlarkan, uning yuragida endi gʻazab qoʻzgʻalar edi. Otasining ostonasida yurgan bir kambagʻal malay yigit uni nazar-pisand qilmasin, uning yalinishlarini, va’dalarini tinglamasin! Kim u? Nega muncha noz qiladi, kekkayadi? «Man qizlik vaqtimda u xavflandi, mandan qochishga intildi. Bu narsa yaxshi boʻldi. Man unga, albatta, tegmasdim. Shoʻxlikka berilib, oʻzimni behuda sharmanda qilgan boʻlar edim. Lekin endi nimaga qochadi? Nimadan, kimdan qoʻrqadi? Yoʻq, bunda bir sir bor. Man bu ishni, albatta, ochaman!»—deb oʻylar edi Nuri.

Hozir u qaynanasining haligi gaplariga chidamasdan oʻrnidan turdi. Hovlida gʻivillab yumush qilgan qaynananing koʻzida, joʻrttaga boshini baland koʻtarib, qoʻllarini belga tirab, xuddi mehmonga kelgan takabbur kelin qabi, yalqovlanib kezdi, gilos gullarini tomosha qildi. U shu bilan qaynanasiga «Chidasang — shu, chidamasang — katta koʻcha. Onam meni ish uchun tuqqan emas. San mani kim bilan tenglashtirasan? Gulnor boshqa, men boshqa!» demoqchi boʻldi. Katta hovlini, giloszorni aylanib, Gulnorning yonida toʻxtadi.
— Charchadingmi?—dedi dimogʻ bilan.
— Yoʻq. Bundan koʻproq kirlarni yuvaman-ku.
— Pochchang kelsa...
— Qachon qaytadilar?
— Allaqachon qaytishi kerak edi. Bilmadim, qachon keladi. Pochchang kelsa, bir «oqsoch» ham bir erkak xizmatkor yollataman.
— Ayniqsa «oqsoch» kerak sizga.

Nuri bir qoʻli bilan daraxt shoxini ushlab, Gulnorga yuqoridan tikilib turdi-da, jiddiyat bilan dedi:
— Xizmatkorlikka Yoʻlchiboyni soʻramoqchiman. U sinalgan odam, san nima deysan?

Gulnor bir zum boshini koʻtarib, Nuriga qaradi, yana quyi soldi. Hech nima demadi. Lekin, Gulnor qaragan vaqtda uning koʻzlaridagi ma’noni Nuri payqagan edi. U istehzo bilan iljaydi, sinovchi koʻzlari bilan qizga uzoq tikilib turdi. Gulnorning rangi oʻchgan, lablari titroq. Gulnordagi bu oʻzgarish uni qiziqtirdi. Qizning yuragidagi sirlarini butunlay oshkora qilishni istadi:
— Nega indamaysan? Yoʻlchiboy biznikiga kelsa, yomon boʻladimi? U oʻz qarindoshim. Pochchangdan koʻp-koʻp pul olib beraman unga. Ammam boyoqish eshitsa xursand boʻladi. Yoʻlchini, albatta keltiraman. Oʻzi ham qanot qoqib kelar...

Gulnor titroq lablari bilan bazoʻrgina: «Yaxshi... ammangizni sevintiring, man nima?»— dedi-da, kir yoyishni bahona qilib uzoqlashdi. Nuri ma’noli kulib, boshini tebratib, uning orqasidan qarab qoldi...

Kechqurun Gulnor oʻz uyiga qaytarkan, yoʻl-yoʻlakay hasratda yonib, qorongʻi xayollarga chulgʻondi. Parishonlikdan bir necha yerda qoqilib oʻtkinchilarga oʻzini urib oldi. Yoʻlchi toʻgʻrisida Nurining soʻzlarini eshitgan hamon, olam uning koʻziga qorongilandi. Chunki u Nurini bilar edi, koʻngliga kelgan har bir orzuni vujudga chiqara bilishiga chuqur ishonar edi. Yoʻlda ketarkan, unda turli oʻy va xayollar bilan birga shunday shubha tugʻildi. «Nega Nuri erkaklar ishiga burnini tiqadi? Xizmatkorlarni eri topsin. Yoʻlchidan boshqa yoʻqmi? Nima uchun Nuri qishloqda unutilgan ammaga va uning oʻgʻliga bunday mehribon boʻlib qoldi? Bunda tagʻin bir sir boʻlmasin... Nuri qizlikda qanday yengil edi? Ogʻzidan hech bir qizga yarashmaydigan soʻzlar chiqar, yigitlarga hazillashishni, tegajaklikni yaxshi koʻrar edi...»

Agar Yoʻlchi Nurining uyiga ketib qolsa, u vaqt nima qiladi? Bu savolga sira javob berolmas, yolgʻiz yuragi yonar edi. Yoʻlchi abadiy gʻoyib boʻlgan, uzoq yurtga ketgan kabi tuyular edi.

Qiz horgʻin, parishon holda uyiga yetdi. Onasi ertaga barvaqt boqqa koʻchishga toʻgʻri kelgani uchun tezroq yotib tinchish kerakligini aytdi. Gulnor bu xabarni juda sovuq qarshi oldi.

Yormatning oilasi har yil xoʻjayinlardan bir-ikki oy ilgari koʻchar, xoʻjayinlar koʻchib borguncha bogʻning hamma ishini saranjom qilib qoʻyar edi. Dadasi, onasi bilan Gulnor ham erta-kech ishlashar edi.

Xuftonga yaqin Yormat kelib, oʻzi ertaga boshqa ish bilan band boʻlgani uchun, koʻchni Yoʻlchi olib borishini, oʻzi esa kechqurun borishini soʻzlagach, Guliorning koʻnglini qoplagan hasrat dudi tarala boshladi... Oʻrniga yotganda tezroq tong otishini kutib, horgʻinligiga qaramay, uyqusi oʻchdi..

Arava dala yoʻlida. Yormatning qaqir-ququri oz boʻlgani uchun, aravaning oldingi qismida Gulnor va onasi bemalol joylashgan edi. Sevikli qizni olib borayotgani uchun quvongan Yoʻlchi otni ildam haydar, past, eshitilar-eshitilmas ovoz bilan qoʻshiq ham aytib qoʻyar edn. Paranjiga oʻralgan Gulnor atrofidagi narsalarni onasiga koʻrsatib, titroq ovoz bilan soʻzlar, lekin Yoʻlchiga soʻzlashga botinmas, soʻzlashuv uchun biron bahona, sabab qidirishga tirishar edi. Kechagi dard qalbining bir chekkasini ogʻir tosh kabi hali ezsa-da, u hozir buni oʻylamaslikka urinar edi.

Quyosh, toza havo, keng tiniq zangori osmon koʻzlarni beixtiyor tortadi. Dala yoʻlining ikki tomonidagi bogʻlar tutash gullar bilan qoplangan. Oʻrik, olma, shaftolilariiig koʻrkam guldastalari, toza ruhli quvnoq tabiatning moʻl-moʻl yongan goʻzallik sepi quyoshda turli rang va nur bilan porlaydi. Unda-munda dehqonlar oriq, horgʻin hoʻkizlarning turtib chiqqan suyaklariga «shaq-shaq» urib, omoch bilan yer suradilar. Bir yigitcha ketmon bilan yer chopadi, ovozini qoʻyib ora-sira kuylaydi, daraxtlarda qushlar unga joʻr boʻladi. Yalanglikda podachi bola tanho tentiraydi...

Koʻch boyning qoʻrgʻonidan nariroqda, pastgina guvala devor bilan aylantirilgan, butun imorati birgina ayvondan iborat qoʻrgʻonchaga tushirildi. Gulnor va onasi darrov hovlini supurib-sidirib, narsalarni jon-joyiga saranjom qilish bilan ovora boʻlishdi. Zarur ishlar bitgach, ona choy qaynatishga buyurdi. Kichik ariqqa hali suv kelmagani uchun, Gulnor chelak koʻtarib, katta ariqda joʻnadi. U «yolgʻiz oyoq» yoʻldan bordi. Har tomon koʻm-koʻk maysa, maysalar orasida turli-tuman gullar...

Boshiga onasining kamzulini ilib, bahorda yashnagan va yoshligidan buyon tanish boʻlgan joylarni sayr etib ketayotgan Gulnor katta ariqqa yaqinlashganda, birdan toʻxtadi: ariq yoqasida Yoʻlchi yuz-qoʻlini artib turardi... Gulnorning yuragi kuchli toʻlqinlandi, butun gavdasini totli bir titroq bosdi. Orqaga qaytish-qaytmaslik toʻgʻrisida bir lahza oʻylab, keyin oldinga qarab yurdi. Yoʻlchi sekingina chetlandi.
— Chelakni shu yerga qoʻying, Gulnor, suvni man oʻzim eltaman,— dedi Yoʻlchi.

Gulnor yuzini boshqa tomonga yarim oʻgirib, javob berdi:
— Rahmat, suv tashib oʻrganganman. Siz ham charchagansiz.
— Charchash? Yoʻq, Gulnor,— dedi kulib Yoʻlchi,— charchash uyat-ku, ayniqsa, sizni koʻchirib kelgan kun...
— Chindanmi? Yo anchiki, koʻngil uchunmi?—shoʻxlik bilan soʻradi Gulnor.
— Ishoning, soʻzlarim yurakdan.

Gulnor chelakni loyqaroq suvga botirdi va ariq boʻyiga olib qoʻydi-da, dedi:
— Siz har vaqt chin soʻzlaysiz, ishonaman, Yoʻlchi aka. Lekin... siz yaxshi ishlaganingiz uchun boshqalar olib ketmasa ekan, deb qoʻrqaman.
— Nima deysiz? Tushunmadim, Gulnor?— Yoʻlchi atrofiga koʻz yugurtib, qizga tomon ikki-uch qadam bosdi.

Gulnor boshiga ilgan kamzulni joʻrttaga eplay olmagan boʻlib, yuzini bir zumgina Yoʻlchiga koʻrsatib oldi.
— Ayta qolaymi?.. Nuri opam, Yoʻlchini biz olamiz, biznikida ishlaydi, dedi. Rostmi, bizdan ketasizmi?— xoʻrsinib gapirdi qiz.
— Eh-he, hali shundaymi? Nuri opangiz tushini suvga aytsin, zanjir solib sudrasalar ham boshqa yoqqa bormayman. Toʻgʻri, bu yerda bir kun tinim yoʻq. Bu yerdan yaxshiroq joy topib boʻlar, lekin istamayman...— dedi yigit.
— Nimaga? Har kim oʻz tinchligini xohlaydi. Nuri opaniki ham yaxshi joy-ku,— dedi-da, Gulnor yashirincha Yoʻlchiga qarab oldi.
— Buni oʻzim bilaman.— Yoʻlchi bir oz sukut qildi. soʻng dedi:—Sizga aytsam, xafa boʻlmaysizmi?
— Nimaga xafa boʻlay? Ayta qoling, balki sevinarman, kim biladi...— shiringina soʻzladi Gulnor.
— Sizni koʻzim qiymaydi, sizdan uzoqlashgim kelmaydi, Gulnor!

Gulnor yuzini rosa ochdi, yurak toʻlqini shiddatlandi, gʻayri shuuriy ravishda Yoʻlchi tomon yurdi. Chiroyli koʻzlaridan tomchilar gul shabnami kabi yuzlariga quyuldi, lablari titradi:
— Rostmi? Rost?..
— Chin soʻzim, Gulnor, manga ishonmaysizmi?
— Man... qaydam,— Gulnor koʻzlarini bir lahza tushirdi, soʻng Yoʻlchiga tikilib dedi,— yoʻq, man ishonaman. Oʻzimdan ortiq sizga ishonaman. Siz koʻngli toza yigit, bilaman...

Yoʻlchi titroq qoʻllari bilan Gulnorning sochlarini asta siladi. Har ikkisining koʻzlari yosh va kuchli muhabbatning chuqur ma’nosi, nash'asi va samimiyati bilan bir-biriga uzoq tikildi...

II

Gulnorni sinovdan oʻtkazgandan keyin, Nurida hech qanday shak-shubha qolmadi. U har qizning, har xotinning fe’li, axloqini oʻlchashda oʻzini namuna qilganligidan, Yoʻlchi bilan Gulnor oʻrtasida bir koʻp sirli voqealar boʻlganiga ishondi va shunday oʻyladi: «Yoʻlchining boshini aylantirgan, orzularimga toʻsiq boʻlgan — Gulnor. Chuchvarani xom sanabdi choʻri qiz. Haddi bormi?! Men uning koʻzini oʻyib olay, oshiq-ma’shuqlikni unga kim qoʻyibdi, tirmizak choʻri!»

U ikkilanib oʻtirmadi. Uch kundan soʻng, onasining oldiga yugurdi. Lekin Yormat oilasining boqqa koʻchib ketganini eshitib afsus qildi: koshkiydi, Gulsumbibi shu yerda boʻlsa, Gulnorning «buzuqligini» uning qulogʻiga yetkizsa...

Nuri endi oʻz onasi orqali bu «sirni» fosh qilmoqchi boʻldi. Odatdagi ziyofatdan soʻng, onasi Lutfiniso bilan yolgʻiz qolib, ivir-shivir gaplasha boshladi. Lutfiniso odatdagicha, harsillab, nafasi boʻgʻilib, kelinlaridan shikoyat qildi. Uyda va qarindosh-urugʻlarnikida boʻlib oʻtgan har xil mayda gaplarni, gʻiybatlarni va kelinlariga qarshi xasta koʻkragida yigʻilgan gina-kuduratni ezmalik bilan, biron soʻzni unutmay, biron soʻzni yamlamay, qizining oldiga toʻkdi. Yoshlikdan boshlab shunday ivir-shivir—hasratlashishni, har xil gʻiybat va chaqimchilikni yaxshi koʻrgan Nuri, sira zerikmasdan aksincha, huzurlanib tingladi. Dam kuldi, dam gazablandi, dam onasiga yoʻl-yoʻriq koʻrsatdi. Nihoyat, gapira-gapira qaqragan lablarini tili bilan yalab, Lutfiniso jim boʻldi. Keyin «gʻiybat kitobini» bekami-koʻst qilib qizi oʻqidi. Gulnor toʻgʻrisida soʻzlagan-da, tovushiga sirli ohang berdi, gʻanimatni qizgʻangan olaqargʻaday, atrofga olaqaroq koʻz yugurtib dedi:
— Gulsum opa oʻlgur yoʻq ekan, aytadigan gaplarim bor edi. Oyi, siz bu yerda oʻtirasiz, yon-bagʻringizda qanaqa ishlar boʻlib turgannni bilmaysiz!—Lutfiniso qulogʻini tikkaytirdi, «a!» deb Nuriga yana yaqinlashdi.— Juvonmarg Gulnor gʻirt buzuq ekan-ku!
— Nima deysan, nima?—Lutfiniso koʻzlarining oqini oʻynatib, labini yalab qiziga tikildi.
— Gulnor buzilipti, yana haligi sirli tovush bilan davom etdi Nuri,— Yoʻlchi bilan ikkovi mana mundoq emish!— Nuri ikki barmogʻini bir-biriga mahkam chirmashtirib koʻrsatdi, soʻng yana davom etdi,— ikkisi oshuq-ma’shuq... manga qolsa, ayb Yoʻlchida emas, ayb Gulnor shaytonda. Qiz quchogʻini ochsa, yigit yoʻq deydimi? Voy Gulnorningʻ shaytonligi-e!

Lutfiniso: «Voy juvon oʻlur!» deb labini tishladi. U qizining soʻzlariga ishonchi toʻla boʻlganidan, kim aytdi, qaerdan bilding va hokazo savollarni soʻrashga hojat topmadi. Shamol tekkan olovdek lovillab ketdi.
— Voy, sharmanda oʻlsin! Tugʻib qoʻysa-ya?1—Lutfiniso betoqat boʻlib boshini chayqadi.

Nuri bunga sira ishonmasa ham, lekin «sukut alomati rizo» degan kabi indamadi. Nafasi qisilishiga qaramay, onasi davom etdi:
— Ishqilib boʻyida boʻlmagan boʻlsin. Voy qiz oʻlgur, balo ekan, ichidan pishgan ekan. Aftiga qarasang, shundoq mopora, aqlli-hushli qizga oʻxshab koʻrinadi...
— Oyi, shunaqalarning koʻpi buzuq chiqadi, shunaqalarning koʻksini shayton egallagan boʻladi,— dedi Nuri.
— Gaping toʻgʻri, qizim. San bir qop yongʻoqday shaldir-shuldur eding, opang ham shoʻx, qaqildoqqina edi. Mana ikkovlaring, xudoga shukur, qogʻozga oʻralgan qantday top-toza boʻlib yetishdinglar. Koʻzlaring erkak betini koʻrmadi. Sizlar hur qiz ekansizlar... Ha, Gulnorning tagi past-da. Otasi kim? Onasi kim? Malay, choʻri... Zotiga tortadi, zoti past. Endi Gulsumni chaqirtirib, qulogʻiga shipshitaman. Hozircha Yormat bilmay qoʻya qolsin... Qizingni tezdan bir musofir-mujofirga uzat, oʻz tengingni top deyman,— dedi Lutfiniso.

Nuri bir oz oʻyladi, onasining hovliqmaligini va bu sirni erkakka ham, ayolga ham yoyishga tayyorligidan choʻchidi, agar oʻz dadasi va akalari eshitsa, ular Yoʻlchining shaloq yigit ekaniga ishonadilar, haydaydilar; keyin Yoʻlchini xizmatkorlikka ola bilmaydi u, Yoʻlchiga yetishuv oʻrniga, undan mangu ayriladi. Siri ochilgan Yoʻlchi undan — Nuridan gʻazablanishi va uning oʻzini sharmanda qilishi mumkin... Mana shu mulohazalar orqasida u bir oz boʻshashdi.
— Oyi,— onasining tizzasini turtib dedi,— tagʻin dadamga, akalarimga gapirmang bu sirni. Kelinoyilarim ham zinhor eshitmasin. Har qancha gap boʻlsa, Gulsum opaning oʻziga ayting, tuzukmi?
— Shoshma, Nuri,— sabrsizlanib shivirladi onasi,— Gulnorni Yoʻlchiga berishsa boʻlmasmikan? Baribir ikkovi oʻynashib qoʻyipti. Rasmi qiz buzilsa, uni oʻz oʻynashiga berishadi.

Nuri bu narsani sira oʻylamagan va onasidan bunday taklifni aslo kutmagan edi. Shuniig uchun kutmagan hol qarshisida bir oz dovdirab qoldi, keyin e’tiroz qildi.
— Boʻlmagʻur gaplarni ogʻizga olmang. Yoʻlchi biznikiga ishlagani kelgan, ishlasin. Puli yoʻq, joyi yoʻq, ham oʻzi yosh hali, xotinni nima qiladi? Sichqon sigʻmas iniga, gʻalvir bogʻlar dumiga. Yoʻlchi besh-oʻn yildan keyin oʻz qishlogʻida, onasining bagʻrida uylansin. Bu toʻgʻrida zinhor ogʻiz ochmang!— Nuri qat'iyat bilan qoʻlini silkidi va davom etdi soʻzida:—Kim biladi, Yoʻlchiboyni xizmatkorlikka bizlar olamizmi. Bir vaqt kuyovingiz palon xizmatkorlaring juda yaxshi yigit ekan, u yigitni manga bera qolsinlar, degan edi.
— Man shu ikkala shum birga boʻlsin degan edim. Gaping toʻgʻri; dadang ham xizmatkorning uylanishini sira yoqtirmaydi. Gulnor buzuq qiz boʻlsa, koʻzimizdan uzoqroq joyga yoʻqolgani yaxshi. Oʻziga yarasha bironta yalangoyoq topilar,— dedi-da, Lutfiniso belini ushlab, ingrab va har qadamda «tavba-tavba!» deya tahorat qilgani ketdi.

III

Gulnor ikki haftadan buyon dadasi va onasi bilan birga har kun bogʻda ishlaydi. Ular butun bogʻ ishini oʻz kuchlari bilan bajarib, xoʻjayinlari koʻchib kelishigacha hamma yoqni jannatday yashnatishlari lozim...

Bogʻ goʻzal. Unda quyosh va yengil shamolning, gullar va maysalarning quvnoq oʻyini kun boʻyi davom etadi. Bogʻning har burchagida oʻzga bir latofat; ariqlarda suv kumushlanadi, maysalardan uqa tutgan hovuz suv bilan emas, nur bilan toʻlgan kabi jimir-jimir mavjlanadi. Bir yoqda mevali daraxtlar — tutash havo gulzori yasaydi. Bogʻning quyi tomonida bir chiziqda saf tortgan baland, adl teraklar...Ular har vaqt mayin titraydi. Qushlar kuylaydi, ariqlarda suvlar, daraxtlarda barglar kuylaydi. Ular bilan birga bogʻ ichida Gulnor ham kuylaydi. Qiz oʻz ovozini boshqalarga uzoqdan eshittirishi ham gunoh... U sekin kuylaydi. Dadasi va onasi boʻlsa edi bunga ham jasorat qilmagan boʻlar edi. Lekin, u hozir tanho. Onasi shaharga — boynikiga tushib ketgan. Dadasi esa, ishi juda zarur boʻlgani uchun, qizni noiloj yolgʻiz qoldirib, arava qoʻshib bir yoqqa joʻnadi.

Gulnor ochilgan toklarni ishkomga koʻtarib tol poʻstlogʻi bilan mahkamlab bogʻlaydi. Uning koʻngli shod, koʻksida hasrat emas, yorqin umidlar yonadi.

Nogoh katta darvoza tomondan tanish tovush yangradi:
— Yormat aka!

Gulnorning yuragi toʻlqinlanib ketdi, bir zum entikdi. Soʻng parishon sochlarini shamolda toʻzgʻitib yugurdi. Lekin boyning qoʻrgʻoni orqali oʻtib, darvoza tomon chopar ekan, ot yetaklab darvozadan kirayotgan Yoʻlchini koʻrib qoldi. Qiz darrov chekilib, qoʻrgʻon eshigi orqasiga oʻzini oldi, eshikning bir qanotini qiya ochib, qizil gul gʻunchasiday lablaridagi tabassum bilan Yoʻlchiga qaradi. Yigit eshikdan bir necha odim narida, otning boshini silab turar edi. Ular koʻzlari bilan iliq, samimiy salomlashishdi.
— Yormat aka qayoqda?—shubhalanib soʻradi Yoʻlchi.
— Dadam arava qoʻshib bir yoqqa ketdi. Toklarga poya keltirsa kerak,— keyin nozli kulib qoʻydi Gulnor.— Siz qaerdan? Jim boʻlib ketdingiz?
— Men «katta yerdan»,— koʻzlarini qizdan uzmay, qandaydir ichki hayajon bilan gapirdi Yoʻlchi,— ish koʻp. Xoʻjayinlardan har kun buyruq keladi: unday qilinglar, bunday qilinglar... Lekin, oʻzim u yerda boʻlsam ham koʻnglim, xayolim bu yerda, ana shu bogʻda... Ovozingizni eshitish umidi bilan ataylab kelgan edim. Baxtimga oʻzingizni ham koʻrdim.

Gulnor uyalgan kabi, tabassum bilan boshini quyi soldi.
— Ataylab kelmagansiz, ishingiz bordir,— dedi qiz sekingina.

Yoʻlchi kuldi va qiz tomon yaqinlashdi.
— Rost, siz uchun keldim. Odamlarga ketmon olib borishni bahona qildim. Ketmon yetishmay turibdi hozir: Yormat akaning ketmonini olib ketaman-da.
— Olib chiqaymi?—Gulnor koʻzlarini tabassum bilan suzdi Yoʻlchiga.
— Mayli.

Yoʻlchi quyosh va dala shamoli bilan bir oz qoraygan. Ammo bundan uning yigitlik husni yana kuchliroq barq urgan edi. Hozir Gulnor uchun qarshisida turgan yigit arslonga chang sola bilajak bir qudrat va jasoratga ega koʻrindi. Shu bilan baravar qiz uning koʻzlarida samimiy mehr, qandaydir noziklik ham koʻrdi.

Yoʻlchi qizning qoʻlidan ketmon olarkan, bir qoʻli bilan uning bilagidan sekingina tutdi. Yuragida sezgilari toshganligi va aytib bitirolmas, soʻzga sigʻmas fikrlari, hislari borligini koʻrsatuvchi bir vaziyatda Gulnorga tikilib qoldi. Soʻng, keng va mard yuzini birdan iliq kulgi qopladi:
— U kungi gap-a? — dedi.

Gulnor chiroyli va erka tabassum bilan, xoʻp deganday, boshini qimirlatdi, keyin: «albatta!» deb soʻz bilan ta’kidladi. Nihoyat, ularning lablari beixtiyor birlashdi, qonlarida, tomirlarida bahor quyoshi eriganday boʻldi... Yoʻlchi otni yeldirib tepalikda ketarkan, orqada qolgan pastlikdagi boqqa beixtiyor qaradi. Yashnagan bogʻ ichidan koʻzlari Gulnorni topdi. Quyosh nurida uzoqdan qorday porloq koʻringan oq koʻylagi, tovlanib yongan, nurlangan sochlarini shamol yumshoqqina xilpiratar, gullar, yashilliklar orasida uning adl— kelishgan qomati, shaffof bir xayol kabi, goh yalt etib koʻrinar, goh oʻchar edi. Gulbogʻchadagi u pari koʻzdan gʻoyib boʻlguncha, otni sekin yurgizib, koʻksidagi cheksiz shodlik bilan qanoatlangan, shirin oʻylarga botgan holda ketdi.

Gulnor, kutilmagan chogʻda ketmon olib ketish bahonasi bilan kelgan Yoʻlchini koʻrganligidan sevindi, yuragiga sigʻmay, sevikli yigitning xayoli bilan zavqlanib, ancha ish qilib qoʻydi. Choy qaynatib ichishnida unutdi. Kechga yaqin, dadasi qaytgach, qoʻrgʻonga kirdi, har kungi kabi qora shoʻrva uchun olov yoqdi. Ovqat pishar oldida onasi ham shahardan yetib keldi. Lekin, uning rangi kasal odam kabi dardli, oʻchiq va koʻzlarida gʻazab yonar edi.

Gulnor shu yoshgacha hech vaqt onasini bu kayfiyatda koʻrmagan edi.
— Nima boʻldi, oyi, betobmisiz? — qoʻrqa-pisa soʻradi Gulnor.

Gulsumbibi indamadi, yolgʻiz zolim koʻzlari bilan oʻqraydi-da, ayvonning bir chekkasida, kasal kabi choʻzilib yotdi.

Gulnorning qoʻl-oyoqlari boʻshashdi, oʻchoq yonida choʻqqayib, uzoq oʻyladi. Ammo, onadagi bu oʻzgarishning sirini sira topolmadi.

Bogʻ ichidan Yormat chiqdi. Xoʻjayinlar toʻgʻrisida xotiniga savollar berdi. Lekin, toʻla-toʻkis javob olmagani uchun Gulsumbibiga ancha-muncha qoʻlansa soʻzlar, soʻkishlar yogʻdirdi, Zir-zir qaltiragan Gulnor shoʻrvani nari-beri suzib keldi. Gulsumbibi bir qoshiq ham ichmadi. Gulnorning ham ishtahasi kesildi, ikki-uch qoshiq shoʻrva halqumidan bazoʻr oʻtdi. Yormat tovoqqa qattiq nonni koʻp toʻgʻrab, ishtaha bilan yedi, ichdi, oʻz tovogʻini boʻshatib, xotinining tovogʻini ham oʻz oldiga surdi:
— It fe’l, badbaxt! Qosh-qovogʻidan naq qor yogʻadi,—oʻzicha valdirayverdi Yormat.
— Oyim charchagandir, soʻkishingiz ortiqcha,—dedi
— Katta oyim shaharda qoʻshga qoʻshiptimi bu ablahni?! Charchaganmish, oʻlib ket!—Gulsumbibiga, qiziga oʻqrayib vaysadi Yormat.

Gulsumbibi oʻlikday choʻzilib yotaverdi. Namozshomdan keyin, uyqusi kelmasa-da, Gulnor oʻringa kirdi, koʻrpaga burkanib piq-piq yigʻladi.

Qiz ertalab turib, darrov onasiga razm soldi. Uning yuzida kechagidan qoʻrqinchliroq gʻazab sezdi. Onasiving koʻzidan tezroq qochish uchun u ariqqa borib, apir-shapir bet-qoʻlini yuvdi, roʻmolining bir uchi bilan artinib, bogʻda ishlashga yugurar ekan, Gulsumbibi qaytardi.
— Shoshma, dadang yoʻqligida san oʻlgur bilan gaplashib olay, yurak-bagʻrimni zaharlading!— Oʻrnidan turib, ildamlik bilan qoʻrgʻon eshigini zanjirladi Gulsumbibi.

Hech nima bilmagan, tushunmagan Gulnorning rangi oʻchdi, xovli oʻrtasida toshday qotdi. Gulsumbibi uning qoʻlidan sudrab, ayvonga keltirdi.
— Bolang necha oylik boʻldi, yer yutgur?!—boʻgʻilib soʻradi va qizni bir tepdi.
— A, nima gap? Uyalmaysizmi?!—Gulnor boshini ustunga urib qichqirdi.
— Sekin gapir, sekin... sharmanda qilding, boshimni yerga bukding, san juvonmarg! Yoshligingda oʻlib ketsang edi, bunday gaplarni eshitmagan boʻlar edim. Ayt, qachondan buyon oʻynashasan... Tigʻparronga uchragur Yoʻlchi bilan qachon topishding?— Gulsumbibi qizini oyoq ostiga olib, uning badanini ombir bilan choʻzib tortganday, chimchilab, uza boshladi. Lekin hozir Gulnorning butun gavdasini parchalab tashlasalar ham, ogʻriq sezmagan boʻlar edi.
— Bu qanday tuhmat! Jonimni ol, xudo, sandan boshqa kimim bor, oʻz onam shunday tuhmat qilsa!— Oʻzini urib hoʻngradi kiz.
— Nimasi tuhmat!—Gulsumbibi Gulnorning quloqlarini choʻzib tortdi.— San oʻzing Nuriga aytibsan, Nuri onasiga aytibdi, hammasini eshitdim, esimdan ogʻayozdim. Shahardan bu yerga qanday yetib kelganimni bilmayman.

Tuhmatchining nomini eshitgan xamon, Gulnor sachrab oʻrnida turdi, gʻazab, iztirob bilan qaqshab gapirdi:
— Yolgʻon! Yolgʻon! Nuri oʻzi buzuq. Man unga xich nima degan emasman, oyijon, man toza, oyijon, man toza... Aqlim bor, nomusim bor. Nuriday betayin, benomus emasman.— Gulnor chidamasdan yana oʻzini yerga tashladi.

Gulsumbibi yumshamadi:
— Toʻgʻrisini ayt, baribir oʻlasan. Dadangga aytaman, u avval saning kallangni oladi, keyin Yoʻlchining kallasini oladi... Uzdiraman kallalaringni! Jilla boʻlmasa oʻlim oldida bir ogʻiz toʻgʻri soʻzingni manga ayt.

Oʻz tozaligini qanday isbot qilishni bilmagan, onasini ishontirishdan ojiz Gulnor, koʻz yoshlari bilan hoʻl boʻlgan yuzlarini kir, chang namatga surib yigʻlab yotdi. Faqat ba’zan yigʻi aralash:
— Yolgʻon, yolgʻon!—derdi.

Sevikli qizi, yolgʻiz Gulnorining tuproqqa qorishib yotganini koʻrgan ona, bir qadar boʻshashib, yigʻlay-yigʻlay soʻradi:
— Yolgʻonmi? Man qanday ishonaman? Gulnor boshini koʻtardi, titrab gapirdi:
— Musulmonmisiz? Man musulmon. Qur'on bering, yuzimni qoʻyib ont ichaman. Keyin mani oʻldiringlar. mayli, xudoning oldiga man oq yuz bilan boraman. Ishonsangiz — xoʻp, ishonmasangiz, gunohsizligimni keyin bilarsiz,— onasini quchoqlab yalindi qiz.

Gulsumbibi qizini nari itardi, chuqur «uh» tortib, oʻzini tashladi, peshanasiga urib yigʻladi: «Koshki oʻlsam! Koshki ajal kela qolsa!.. Kuydirding, nega tutdim sani? Yoʻlchiboy oʻlgurni yaxshi deyishardi, oʻzim ham yaxshi koʻrardim. Kirini yuvdim, yamogʻini yamadim. Mana, nima qildi axiri yigit oʻlgur».

Gulnor sachrab onasining oldiga keldi, yigʻidan shishgan, qizargan koʻzlarini qattiq tikdi.
— Yoʻlchida nima gunoh? Uyaling. U yaxshi yigit. Man uni sevaman. Bu rost. Qolgan gaplarning bari yolgʻon, bari tuhmat!
— A, sevaman? Bu yomon gapni qaerdan oʻrganding? Bu narsa buzilganing emasmi?—Gulsumbibining gʻazabi yana toshib ketdi. Gulnor endi tap tortmadi. Sof nomusiga otilgan qorani butunlay yuvib tashlashga jazm qildi.
— Oyi,— dedi u koʻz yoshlarini toʻkib,— ishoning, man toza, man sogʻ!.. Ishonmaysizmi, yuring Nuriga boramiz, katta oyimga yoʻliqamiz. Nuri man bilan gaplashsin. Man unga nima debman, u qaerdan bilipti, yuzimga solsin. Xoʻjayinligi oʻziga. Mani, sizni, dadamni qul qilib ishlatsin, yana bu yetmaganday, nomimizni bulgʻasin!

Gulnor jahl bilan onasining qoʻlidan tortdi, quchoqlab surgadi.
— Yuring, boramiz! Man chidamayman bu tuhmatga. Oyi, ulardan qoʻrqmang, mayli, bizni haydab yuborishsin. Ochlikdan oʻlmasmiz, qiyinchilikka koʻnikkanmiz. Ularsiz ham tirikchiligimiz oʻtar... Bormaysizmi, qoʻrqasizmi? Man oʻzim boraman, Nurini sharmanda qilaman. Tuhmat bilan emas, rost gap bilan sharmanda qilaman!

Gulnor mahsini topib, shoshib-pishib kiymoqqa boshladi. Gulsumbibi yugurib, uning qoʻllarini mahkam ushladi:
— Es-hushingni yigʻ, unaqa yengil boʻlma!
— Yoʻq, qanday chidayman tuhmatga!—qichqirdi Gulnor
— Haligi gaplar yolgʻonmi? Orada Hech narsa... boʻlgan emasmi?—soʻradi yumshoqlanib ona...

Gulnor onasini quchoqladi va chuqur iztirob ichida soʻzladi:
— Oyi, nima qilay, soʻzimga ishonmasangiz pichoq bilan koʻksimni yorib koʻrsataymi? Nima deysiz, ayting? Nega oʻshalarniki toʻgʻri boʻladi-ku, man yolgʻon gapirgan boʻlaman!

Gulsimbibi qizining boshini siladi, yigʻlab gapirdi:
— Qoʻy, qizim, Nuri tuhmat qilgan boʻlsa, xudoga soldim. Oʻzi bir kun jazosini tortar, bir kun izza boʻlar. Shov-shuv koʻtarma. Dadang xabardor boʻlib qolsa, yaxshi boʻlmaydi. Man oʻzim yaqin oʻrtada shaharga tushib, katta oyimga gapiraman. Nurini ham uyaltiraman.

Gulsumbibi qizi Gulnorni roʻparasiga oʻtqazdi, mahsini yechtirdi, bir oz dam olib, keyin ishga chiqishga buyurdi-da, oʻzi bogʻ tomonga yurdi, bir necha qadam qoʻyib, yana orqasiga qaradi, tanbehlovchi tovush bilan qiziga dedi:
— Bundan keyin Yoʻlchi nomini ogʻzingga olma, uqtingmi?

Gulnor hech nima demadi, faqat, chuqur, yoniq gʻam bilan: «uf!» dedi.

Sakkizinchi bob

I

Yoʻlchi yozda yonib chang-tuproq yalab, qishda qor-muz kechib, butun mahrumiyatlarga, butun ogʻirliklarga qaramasdan, jonkashlik bilan ishladi. U yer haydadi, chopiq chopdi, suv surdi, dalaga goʻng tashidi, shaharga paxta tashidi, doʻkonlarga gazlama tashidi, izvosh haydadi... Vaqt-soat, juma, bayram, hayit nima ekanini bilmasdan ishladi. Mashaqqatlar, qiyinliklar ichida yashasa ham, mahrumiyat toʻla faqir hayotini bezaydigan bir yorqin umid, bir goʻzal xayolga u ega edi: Gulnor...

Yoʻlchi mana shu qizning muhabbati bilan Mirzakarimboyning eshigida uchinchi qishni kechirmoqda.

Bir vaqtlar Nurining oʻrtaga otgan tuhmati orqasida Gulsumbibi eri Yormatdan yashiriq qizning fe’l-atvorini, yurish-turishini ochiq va bekitgich ravishda uzoq ta’qib etdi. Oʻz sirlarini Yoʻlchi tomondan ochilishi mumkin deb, qoʻrqqanligidan boʻlsa kerak, Nuri bu tuhmatni tarqatishga, yangilashga ortiqcha urinmadi, lekin Yoʻlchiga, Gulnorga qarshi kuchli adovat saqladi.

Yuragida Yoʻlchidan oʻzga bir fikr va tuygʻuga oʻrin bermagan Gulnor, oʻz sevgisini hammadan yashira-yashira hozir oʻn sakkiz yoshini kechirib turadi. U har bir musulmon qizi kabi, oʻyin-kulgidan, sarbast ovoz chiqarishdan mahrum, ota-ona, tanish va begona, erkak-ayol—hammaning oldida soqov boʻlishga majbur esa-da, lekin yuragida muhabbat toʻlqinlanib, ba’zan unga kuch va jasorat beradi. Shunday paytlarda,— lekin juda siyrak, — u qoʻrqa-pisa inidan chiqadi. Ota-ona va boshqalarning koʻzlaridan uzoqroq bir fursatni topib, Yoʻlchi bilan uchrashuv baxtiga erishadi. Ikki sevuvchi qalbning toza tuygʻularini mavjga solgan bunday uchrashuv soʻzlar, imolar va ishq nuri bilan porlagan koʻzlarning jilvasi bilan oʻtgan ikki-uch minutli suhbat—Gulnor uchun koʻngilni oylarcha isitgan xayol va umidlarni quyosh kabi porlatgan bir ulugʻ baxt boʻladi.

Yormat bir yildan buyon qizini munosib joyga uzatishga tirishadi. Lekin bu masalani hal qilishda u mas’uliyatini, otalikni oʻzidan koʻra koʻproq Mirzakarimboyga topshirgani uchun bu toʻgʻrida jadal qilmaydi. Lekin, bu yil qish qizni, albatta, uzatishga qaror qilib, «ojizasining toʻyi» xususida Mirzakarimboyga bir necha marta soʻzladi. Ammo, Mirzakarimboy har xil javob berdi. Bir gal:— «Qoʻya tur-chi, yov keldimi. Yolgʻiz qizing, vaqti-soati kelganda uzatarsan...» dedi. Ikkinchi gal: «Kuyov tanlash kerak. Boymi, bechorami, ishqilib roʻzgʻor mashaqqatini yelkasidan uzmaydigan bir odam boʻlsa, toʻyni boshlarmiz, sabr qil!» dedi. Lekin bu yil kuz faslida Mirzakarimboyning xotini Lutfiniso toʻsatdan — qalb xastaligidan boʻlsa kerak — bir kechada vafot etdi. Lutfiniso kabi qadrdon bekasining oʻlimiga kuygan Yormat, toʻyni tezroq oʻtkazish xususida ogʻiz ochmay qoʻydi. U endi iloji boʻlsa, munosib kishiga Gulnorni hozirdan unashtirib, fotiha oʻqib, toʻy-nikohni bahorga yaqin oʻtkazmoqchi...

Toʻqqizinchi bob

I

Mehmonxonalaridan birida Mirzakarimboy oʻz gumashtasidan hisob olar edi. Gumashta Mahamad Rasul qirq yoshga yetib qolgan, mutavoze, mullanamo kishi edi. Koʻp yillardan buyon bir koʻp boylarning qoʻlida xizmat qilgan. Mahamad Rasul oʻtgan yil Mirzakarimboyning diqqatini jalb qilib, uning Avliyootadagi gazlama doʻkoniga, boshqa bir gumashta oʻrniga tayin qilingan edi. Bir yil muddatida u Toshkentga ikkinchi marta kelib, hozir xoʻjayin oldida tiz choʻkib, uyning sovuqligiga qaramay, terlab-qizarib oʻtirar edi.

Mahamad Rasul oʻz ishida koʻpgina tajriba orttirgan kishi boʻlgani uchun, boylarga hisob berganda, unchalik dovdiramas edi. Ammo mugʻambir Mirzakarimboyning qarshisida u rosa esankiray boshladi. Avliyootadan chiqish oldida bir kecha mijja qoqmay, choʻt qoqib, «boz muncha, boz uncha» degan yozuvlar bilan toʻlgan daftarlarning mazmunini qayta-qayta hisobga olib, xotirjamlik bilan yoʻlga chiqqan boʻlsa ham, hozir u sanoqlarni xoʻjayin, koʻknori xayoli kabi, puchakka chiqarishga urindi. Boyning ilk soʻzlariyoq uni majolsizlantirgan edi. Mahamad Rasul kamol hurmat bilan xoʻjayinning qoʻlini siqib koʻrpachaga choʻkkalagan hamona shunday soʻzni eshitdi:
— Nimaga bevaqt, besoʻroq qaytdingiz?— boy javob kutmay, soʻzini ustma-ust agʻdaraverdi,— men hali sizni kutganim yoʻq edi. Bundan besh-olti oy ilgari yoʻqladim — keldingiz, gaplashdik. Lozim boʻlsa, yana bir enlik xat yozib, yo sim qoqib bildirar edim. Ish bunday boʻladi! Boʻzchining mokisidek, Avliyoota bilan Toshkent orasida yoʻrgʻalashdan nima foyda? Bundan keyin gaplarimni uqib oling, modomiki, men bilan birgasiz, mening odamimsiz, har bir ishni men bilan bahamjihat qiling, oʻzbilarmonlikni koʻtarmayman...

Boy soʻzidan toʻxtagach, Mahamad Rasul boshini koʻtarmasdan, qoʻllarini qovushtirgan holda, kelish sababini tushuntira boshladi:
— Boy ota, bu yerda andak anglashilmovchilik borga oʻxshaydi. Meni avvalo inimiz Salimjon chaqirtirgan edilar, oʻzlaridan soʻrasalar boʻladi. Ham xudo bergan bir oʻgʻil, bir qizim bor Ularni notob deb eshitdim... Musofirchilik qiyin, bola-chaqani sogʻinadi kishi. Bu toʻgʻrilarni mulohaza qilib ham inimiz Salimjonning ra’yilariga qarab, yoʻlga chiqa qoldim...
— Be! Salimjon kim u? Oʻgʻlimmi? U nimani biladi? Koʻzim tirik—men bilan muomala qilasiz. Bola-chaqani sogʻindim deb doʻkonni yopish ishmi? Toshkentga kelishning oʻzi boʻlmaydi, yoʻl xarajati, bola-chaqaga sovgʻa-salom degan narsalar ham boʻladi... xoʻp, kelibsiz, ikki shingil gaplashaylik-chi. Xohlasangiz mana choʻt.— Boy tokchadan choʻtni olib Mahamad Rasul oldiga surdi.— Bizga biribir, choʻtsiz ham hisoblay beramiz.

Mahamad Rasul oʻz ichida: «bu kun boy chap yoni bilan turgan shekilli» deb, ancha vaqtgacha kallasini osiltirib oʻtirdi. Keyin qoʻli bilan peshanasini siqdi-da, hisob berishga boshladi, u qoʻrqa-pisa gapirdi, qaltiragan barmoqlari bilan choʻt qoqdi. Istehzoli kulgi, ayyor boqish bilan qarab, pul masalasida tiyinni, savdo ishida ikir-chikirni ham diqqatidan qochirmay, har minut sayin luqma tashlagan boy huzurida hisobi, ma’ruzasi oʻzi oʻylab qoʻygancha, u qadar silliq va qulay chiqmasa-da, lekin natijaning toʻgʻri, qat'iy ekani Mahamad Rasulga ma’lum edi. U nihoyat, hisobni bitirdi, samimiyatni izhor etgan bir boqish bilan boyga tikildi va kamtarinlik bilan dedi:
— Mana, boy ota, ishning ketishi shunday. Menimcha, chakki boʻlmasa kerak.

Xoʻjayin soqolini bir nafas hovuchiga olib turib, kinoyali jilmaydi.
— Chakki emas! Bundaqangi ishni biz chakki deymiz. Ayta qoling, Avliyoota — qozoq yurti, norinxoʻrlikka koʻproq berilganga oʻxshaysiz-a? Men shartta ayta beraman, inim Mahamad Rasul. Men doʻkon qilsam, uni molim bilan toʻldirsam, foydasi uchun qilaman. Sichqon teshgan supradan un toʻkilaveradi. Sizniki shunday boʻlgan; toʻgʻri, siz hammasini koʻrsatdingiz, lekin mening ham hisobim bor, meniki har vaqt aniq boʻladi. Sizga ma’lumki, gumashtalarim har yerga taralgan. Chinozda, Qoʻqonda, Chimkentda... Men ularning betlarini koʻray-koʻrmay, lekin har birining ishi menga ayon. Har vaqt bilib turaman, hech nimani yashira olmaydilar.

Boyning soʻzlari nohaq boʻlsa ham, Mahamad Rasul koʻzlarini qayoqqa yashirishni bilmay xijolatda qoldi. U oʻz oilasidan uzoqda qolib, boyning pulini koʻpaytirish, undan turtki yemaslik uchun jonkashlik qildi, oʻziga kiyim-bosh qilmay isqirt boʻlib yashadi, ovqatini siqdi, har kun kechqurun doʻkon oldida kichkina dekcha qaynatib, bir tovoq xoʻrda oshga qanoatlanganidan, doʻkondorlar orasida u sal kundayoq «xoʻrda maxsum» deb laqablandi. Bunga qaramay, boy uni norinxoʻrlikda aybladi. Mahamad Rasul oʻz umrida boylarning tuhmatini koʻp eshitgan boʻlsa-da, Mirzakarimboyning bu tuhmati uning yuragiga nayzaday sanchildi. U xoʻjayinni insof va adolatga da’vat qilmoqchi ekan, shu paytda boy tumanli deraza orqasida turgan birovga hayron boʻlib qaradi va imladi.

U kishi eshikni ochdi, ichkariga qadam qoʻyishga uyaldi shekilli, ostonada toʻxtadi. Uning kiyimlari juda eski va tuproqqa agʻnagan kabi, chang-chung edi. Lekin oʻzi qishloqcha sodda, doligʻuli yigit koʻrindi. Mirzakarimboy shubha bilan boqib soʻradi:
— Keling, kimni yoʻqlab keldingiz bu yerga?

U Yoʻlchining hamqishlogʻi ekani, Yoʻlchiga xat keltirganini gʻuldirab soʻzladi-da, belbogʻi orasidan xatni olib, boyning oldiga tashladi va eshikni zarb bilan yopib, chiqib ketdi. Choy qogʻozga yozilib, toʻrt buklangan xatni boy ochdi. Tokchadan koʻzoynakni olib taqdi, qogʻozni derazaga moyil tutib, koʻz yugurtirdi... Soʻng, bir nafas xomush boʻlib, oʻz ichida bir nima shivirladi. Xatni kursi ustidagi quruq patnis tagiga qistirdi, Mahamad Rasul xoʻjayinning kayfi oʻzgargani uchun, oʻylagan e’tirozini aytishga botinmay turdi. Ikki-uch minutli sukutni boy buzdi, yana avvalgi yoʻsinda, lekin ohistaroq gapira boshladi:
— Mahamad Rasul, men birovga et, moy va boshqa masalliqni berib, shirin shoʻrva tayyorlashni buyuraman. U kishi shoʻrvani pishiradi, lekin moyni suzib ichadi, goʻshtini yeydi, menga taqir suyak bilan bir kosa jirsiz suv keltiradi... Tushundingizmi? Bu qalay boʻladi? Mulohaza qiling!

Boy chol Mahamad Rasulni ezgani ham oʻz «donishmand»ligiga xursand boʻlgani uchun, soqolini silkib kuldi, bir ozdan soʻng yana kibrli jiddiyat bilan oʻshshaydi

Mahamad Rasul bu soʻzlarni oʻzi uchun boʻhton, haqorat deb bilganidan, qancha kamtarin, tavozeli boʻlmasin, chiday olmadi.
— Boy ota,— boshini koʻtarib gapirdi u,— sizga va sizning kabi boyonlarimizga qul singari xizmat qilgan bir ojiz bandani bu qadar tuhmatga loyiq koʻrmasangiz edi.— Mahamad Rasul ovozidagi shikoyatni yana kuchaytirdi.— Shoʻrvaning eti, moyi, suvi — bari sizniki boʻldi-ku. Yana nima deysiz? Men halol ishladim, zarracha xiyonat qilmadim. Mana jami ishni koʻrsatdim. Shartnoma mazmuniga qaraganda, sizning gardaningizga tushadigan bir koʻp chiqimlarni men oʻz zimmamga oldim. Menimcha, tijorat paydo boʻlgan zamondan boshlab, bunday moʻl foydani hech kim koʻrgan emas. Bu qanday gap axir, sakkiz-toʻqqiz hissa foyda boʻlib ketdi.

Mirzakarimboy yana oʻshshayib tikildi, ammo maslahatgoʻylik bilan asta gapirdi:
— Foyda inim, oʻn-oʻn besh hissa boʻlishi kerak edi. Bilasizmi, zamon qanday? Urush zamoni! Gazlamaning qadri juda oshib ketdi. Ertalabki narx kechga toʻgʻri kelmaydi...
— Avliyootada turib qulogʻimiz har kun yangi narx qidiradi,— dedi Mahamad Rasul.
— Shunday boʻlishi kerak. Narx-navo har kun tom boʻyi sakrab turipti. Oyoqni nechogʻliq tirang, oqpodshohning urushi bitguncha narx oshaveradi. Men hozir gazlamani koʻplab sotishni toʻxtatdim. Bu kungi foyda goʻsht boʻlsa, ertasiga nuqul moy boʻlishi aniq, naqd pulga mol chaqqon boʻlgan zamonda, siz ancha molni nasiyaga sotibsiz. Bunga achchigʻim chiqmasinmi? Endi gap shu: oyoqni qattiq tirang. Qozoqlardan nasiyani tezroq undiring, durustmi? Qozoqlar pul bilan toʻlolmasa, bugʻdoy olavering. Inim, gaplarim sizga qattiqroq tekkan boʻlsa mendan xafa boʻlmang. Men foydali narsani soʻzladim. Xoʻp, ertaga doʻkonga tushing, yana gaplasharmiz.
— Ma’qul, ma’qul boy ota, soyayi davlatingiz kam boʻlmasin!—Mahamad Rasul qoʻl qovushtirib chiqib ketdi.

II

Yoʻlchi oʻz doʻsti Qoratoy temirchi bilan hangamalashib oʻtirar edi. Qoratoy ikki tomondan ochiq, boʻgʻotlari uvadalangan, ichki devorlari isdan, temir, koʻmir uchqunlari toʻzonlaridan qoraygan ishxonada, «olovdon» va bosqon yonida turib, qizil choʻgʻ boʻlgan temir parchasini bolgʻa bilan gurs-gurs urar, yassilar, choʻzar, qayirar edi. Uning oʻn uch yashar oʻgʻli Xoltoy dam bosib kichik bolgʻa bilan temirni urib dadasiga yordamlashardi. U oʻttiz sakkiz-qirq yashar yumaloq, katta boshli, bilaklari yoʻgʻon, gavdasi etsiz, lekin pishiq, suyaklari besoʻnaqay, yoshi oʻtsa-da, yuragida yigitlik oʻti soʻnmagan, shijoatli, oʻz soʻzli kishi edi. Jumaboy degan bir boʻydoq ukasi tramvay izini tozalovchi ishchi edi. Ba’zi vaqtlarda u ham ishga yordamlashar edi.

Yoʻlchi chamasi ikki yildan beri bu temirchi bilan yaqin doʻst boʻlib, uning butun sifatlarini, fazilat va kamchiliklarini yaxshi sinagan edi. Aksar vaqt, ishdan qutulgach, u bilan vaqt kechirar, qaygʻusini, sevinchini unga ochar edi.

Hozir muyushdagi choyxonadan damlab keltirilgan choyni ozgina-ozgina quyib dam oʻzi ichib, dam Qoratoyga uzatib, har vaqtdagi kabi xangmalashib oʻtirardi.

Faqat bolgʻalarning «taraqa-turugʻi» jim boʻlganda Yoʻlchi suhbatga oʻtdi, oʻz dardini bayon qila boshladi. Shu bir-ikki oy ichida Mirzakarimboy bilan yaxshilab gaplashajagini, ikki yarim yillik mehnat haqi qancha pul boʻlganini tayinlab, keyin Gulnorga uylanmoq orzusini biron kishi orqali boyga bildirib, oʻjar Yormatni boy orqali koʻndirmoq umidida ekanini soʻzladi. Qoratoy ogʻir mehnat orqasida chuqur chizilgan peshana chiziqlarini silab maslahat berdi:
— Bu ishda boy oʻrtada turmasa, bilib qoʻy, polvon, bir nima chiqishi qiyin. Nainki, xumsa Yormating baland dorga osiladi. Bu zamonda kimning jin chaqasi koʻp boʻlsa odamlar oʻshanga ogʻadi. Jin chaqa hammaningʻ karmoniga tupurib, boylarning hamyoniga oʻzini uradi. U yer issiqroq, bexavotiroqmikan deyman.
— Pul kambagʻalning kissasidan qoʻrqadi shekilli,— dedi Yoʻlchi,— bu urush ayniqsa boylarning birini oʻn qildi. Har kun mol narxi oshadi, bozorda savdogarlarning qulogʻi tikkaygan. Bitta-yarimtasi vahimaliroq bir gap eshitdimi, darrov mol narxini oshiradilar. Urush bahona boʻldi ularga. Bizning xoʻjayin-chi? Ishi taraq!.. Omborlarda chirib qolgan mollarini endi xaridor koʻzga surib oladi. Tushgan pul—tegirmonning novi!

Qoratoy bolgʻani bir chekkaga qoʻyib shivirlardi:
— Oqpodshohning urushi boylarga huzur-halovat keltirdi, lekin fuqaroni non gadoyi qildi. Manga oʻxshash taqachi-maqachi, kosib-mosib-chi? Husht!—Qoratoy tishlari orasidan gʻalati tovush chiqardi va soʻzini davom ettirdi.— Nimaga kulasan? Ishimiz sira belini koʻtarolmay qoldi, uka. Hamma xalq ochdan oʻlmaslik uchun bir amal-taqal qilib turipti. Ammo,—Qoratoy alanglab, shivirladi,— oqpodshohning tagi puchga oʻxshaydi. Oʻris xalqi urushdan norozi, deb eshitaman. Hamma yerda ahvol bir ekan. Urush boylarga yoqib tushdi, kambagʻalni shildi,— temirchi endi qaddini koʻtarib, ovozini baland qoʻydi.—Shu qishdan qoldirma, oʻrtaga, albatta boy togʻangni qoʻy. U ikki ogʻiz gapirsa, Yormat «gʻing» deya olmaydi...
— Gulnor mandan boshqani tanimaydi,—gʻurur bilan doʻstiga qarab gapirdi Yoʻlchi,— lekin, u, albatta bir qiz: dadasining ixtiyoriga bogʻliq. Ammo xoʻjayin oʻrtaga tushsa, u vaqt ish silliq boʻlnb chiqsa kerak, deyman.
— Menimcha,—Qoratoy temirni suvga «jaz» bosib gapirdi,— Mirzakarimboy choʻchqa boylardan boʻlsa ham, senga yon bosar. Undan nima ketdi? Ikki ogʻiz soʻz. Bir xizmatchining qizini oʻz qarindoshiga, oʻz eshigida halol ishlagan yigitga olib beradi, yana oʻz hamyonidan emas, yigitning peshana teri bilan topgan aqchasiga... Bu — bir. Yormat qizini birovga uzatadi, bundan boyga nima foyda? Sen Gulnorga uylansang, bu bilan boyga yana koʻproq bogʻlangan boʻlasan. Bundan boyga foyda bor, shunday emasmi?—dedi-da, Yoʻlchiga qarab ma’noli kuldi.
— Gapning bu tomonini qoʻyavering yil emas, oy emas, uning eshigida bir kun ham turgim yoʻq... Ish bitsin, keyin koʻramiz, nasibamiz qaerda...
— Bilaman, tushunaman, kishanga tobing yoʻq,— dedi-da Qoratoy koʻzlarini ayyorcha qisib davom etdi,— lekin hozircha va’dani quyuq qilaver boyga. Sen ochiq soʻz, ochiq koʻngilsan. Boy — pishiq, mugʻambir odam. Sen ham pishiq boʻl. U shoxida yursa, sen bargida yur. Shunda yutasan!

Yoʻlchi doʻstining soʻzlariga xaxolab kuldi, ma’qul deganday qoʻlini choʻzib, uning yelkasini qoqdi. Umidlar bilan koʻksi qavargan holda lablarida bir qoʻshiqni shivirlab xoʻjayinnikiga ketdi.

Vaqt namozgarga yaqin. Koʻcha qatqaloq. Mahalla bolalari, oʻspirin yigitlar yungi hurpaygan ikki katta kuchukni urishtiradilar, gʻazablangan kuchuklarning vovillashi, tomoshachilarning qiyqirishi koʻkni qoplaydi. Yoʻlchi hech nimaga nazar solmay, odimlarini katta tashlab borarkan, Shokir ota uchradi, u boshiga tushgan qaygʻu va falokatlardan juda munkillab qolgan edi. Yoʻlchini koʻrish bilan:
— Ha gʻuvori, hali bir qishloqing seni qidirib yurgandi, yoʻliqdimi?— dedi.

Yoʻlchi oʻz qishlogʻidan kelgan odam bilan koʻrishib, hol-ahvol soʻrasha olmaganiga afsuslandi. Chunki kuzning boshida onasiga yigirma soʻm yuborib, shundan buyon hech qanday xat, xabar olmagan, oʻzi ham yoʻqlolmagan edi.

Tashqari hovlida tahorat qilayotgan boydan hamqishlogʻi toʻgʻrisida soʻradi. Boy bet-qoʻlini artib, «bu yoqqa yur!» deb imladi. Uning orqasidan Yoʻlchi mehmonxonaga kirdi. Mirzakarimboy tanchaga oʻtirib, qoʻlini peshanasiga tirab bir minut sukut qildi, soʻng soʻzni iimadan boshlashni bilmay, soqolining uchini tishlab dedi.
— Senga bir xat bor,— boy patnis tagidan xatni chiqardi,— lekin xushxabar keltirgan emas. Sen, albatta, ogʻir, aqlli yigitsan, Olloning rizosiga boʻysunarsan...
— Qanday xabar ekan, aytavering,— Yoʻlchining qoshlari, koʻzlari savol va shubhani ifoda qildi.
— Ey dunyoyi bevafo!.. Onangdan ayrilibsan, jiyan! Yoʻlchi butun gavdasi bilan seskanib, yolgʻiz «a!» degan keskin tovush chiqardi... Soʻzlashga tili qotdi, yuzi boʻzday oqardi. Uning baquvvat, metin gavdasi, koʻksiga toʻlgan qaygʻuni koʻtarishga ojiz kabi egildi bukildi.

Mirzakarimboy Yoʻlchiga dalda berish uchun, Olloning rizosiga boʻysunish kerakligini, oʻlim har kimning boshida omonsiz qilichini tutib turganligini ne-ne paygʻambarlar, ne-ne aziz avliyolarni oʻlim olib ketganligi haqida gapirdi. Lekin bu soʻzlar Yoʻlchining qulogʻiga yetmas edi. Uning butun vujudi abadiy ayriliq, onaning yodi va achchiq iztirob bilan lim toʻlgan edi.

Bolalarining baxti uchun kambagʻal er bilan birga ishlab, tinib-tinchimagan, har qanday jafokorlikka oʻzini otgan, mehribon, shafqatli ona! U oʻlim panjasida chirpanarkan, to soʻnggi nafasigacha mehnat, mashaqqat, azob ichida kechirgan bu dunyodan koʻzlarini mangu yumgancha, uni, Yoʻlchini eslagandir... Esini tanigandan boshlab onasi bilan kechirgan zamonlar mas'ud, lekin qaytarilmas bir tush kabi, Yoʻlchining koʻz oldidan bir-bir oʻtadi. Mana soʻnggi xotira:

Ikki yarim yil avval mehribon ona uni shaharga uzatadi. Koʻz yoshlarini quyib, qoʻl ochib duo qilgandan soʻng, eshikka qadar uzatib qolmaydi, boshiga yaktak yopinib sokin qishloq koʻchasida uning orqasidan yuradi, goʻyo uning qalbi oʻgʻil bilan birga ketishga intiladi, katta yoʻlgacha kuzatadi, muhabbat bilan, koʻz yoshlari bilan... Yoʻlchining ongida, oʻtmish manzaralari jonlanar ekan, qaygʻu koʻkrakni yana chuqurroq ezadi. Nihoyat, ogʻir xoʻrsinish bilan boshini koʻtardi::
— Qachon? Qachon — soʻradi. «Oʻldi» degan soʻzga tili bormadi. .
— Chamasi bir hafta boʻlipti. Sen endi. har kun qur'on oʻqib, onangga bagʻishlayver. Shu oʻzi kifoya. Arvohga tilovat qurʼon lozim.

Yoʻlchi hech nima demadi. Gilamda yotgan xatni qoʻlida mahkam siqib, hovliga chiqdi, qaygʻulari toʻlqinlanib, qalbini parchaladi.... Yigit oʻzini tutolmay, birdan yigʻlab yubordi, bulut yigʻlaganday koʻz yoshlarini kuchli— moʻl toshtirib yigʻladi, hoʻngrab-hoʻngrab yigʻladi...

III

Bulutli qish kunining yurakka ziqlik, beruvchi xira tongi edi. Gulnor onasi bilan birga uyda tanchada nonushta qilar, patnisda arpa unidan yopilgan sopolday nonbir kaft qurtlagan turshak... Koʻmir yoʻqligidan, tarasha choʻgʻi tanchani birpas bozillatib, soʻngan edi, Gulnor eski chit guppisiga oʻralib, nonni ishtahasiz tishlar, miskarlar tomonidan samovar taxlitida yasalgan qumgʻondan choy quyar edi.

Yormat koʻchadan keldi, yelkasini qisib tanchaga oʻtirdi. Nafasidan chiqqan bugʻ bilan hoʻllangan moʻylabini dagʻal barmoqlari bilan silab-artib, choy icha boshladi.
— Sovib qolipti. Qish kuni choyni nechogʻliq qaynoq ichsang...—norozilanib dedi Yormat.

Gulsumbibi uyda qitday oʻtin, qitday koʻmir yoʻqligini va choyni qiynala-qiynala bazoʻr qaynatganligini soʻzladi.
— Har yil ahvol shu. Yozda togʻ-togʻ oʻtin tayyorlaysiz, huzurini xoʻjayinlar koʻradi.
— Koʻp valdirama, xoʻjayinga yalinsam, oʻtinsiz qoʻymas. Xudo oʻldi-ettidan saqlasin!—bir oz sukut qilib, yana soʻzladi:— Mana Yoʻlchini joʻnatdik: xabarlaring yoʻq shekilli...
— Qayoqqa? Nimaga?—kutilmagan bu daxshatli xabar orqasida Gulnorni bir onda titroq bosdi.
— Enasi oʻlipti,—dedi Yormat,— kecha kechqurun xat kelgan ekan. Hozir qishloqqa joʻnatdik. Jadal yursa, kechasi alla-pallada borib yetadi.
— Qari boʻlsa imonini bersin, oʻlim haq,— dedi beparvo Gulsumbibi.
— Yoʻlchiga qiyin boʻldi,— sinovchi koʻzlari bilan qiziga tikildi Yormat,— bir oʻspirin ukasi bor ekan, bu ham birovda ishlar ekan, oʻzini eplab ketadi. Lekin oʻn besh yashar bir singlisi... Ana u bechora nima qiladi?
— Voy bechora!— dedi Gulsumbibi birdan.— Shoʻrlik qizga qiyin boʻlipti hammadan. Ona yoʻq, bir aka bu yoqda, bir aka yana kishinikida ishlarkan deysiz. Yosh qiz, koʻchada qodibdi hisob-da. Endi nima qiladi Yoʻlchi?
— Bilmadim, qishloqda erga berib keladimi, bu yerga olib keladimi. Menga hech nima demadi. Xoʻjayin bir maslahat bergandir...— dedi Yormat.

Gulnor soʻzga aralashmadi. Yoʻlchiga tushgan qaygʻu uning koʻnglini bir onda motam bilan qopladi. Uning halqumini dard qisib keldi. U yana bir oz shu yerda qolsa hoʻngrab yigʻlashdan oʻzini tiyishga ojiz ekaniga aqli yetdi-da, sekingina hovliga chiqdi. Quyuq, uzun kipriklari koʻz yoshi bilan namlandi. Qalb azobidan kelgan koʻz yoshlarni koshki u toʻxtata bilsa!.. U yugurib oshxonaga kirdi. Qaqir-ququrni yigʻishtirishni bahona qildi. Butun xayoli, borligʻi Yoʻlchi bilan ovora boʻldi. U qishloqqa ketayotgan gʻarib yigitni tasavvur qiladi: magʻrur boshi bukilgan, koʻzlarida chuqur hasrat, qor bosgan dalada qadamlarini katta-katta otib, tanho boradi... Koshki u ham Yoʻlchiga hamrohlik qilgan boʻlsa, u bilan dardlashib, gʻamlariga sherik boʻlib, ovutib, yupatib u bilan birga tepalar, jarlar oshsa...

Goh Yoʻlchining yetim singlisini tasavvur qiladi, uni quchoqlab-quchoqlab yigʻlagisi keladi: «Ishqilib qishloqqa tashlab kelmasin, bu yerda man uning koʻnglini koʻtaraman, unga chin opa boʻlaman...» deb oʻylaydi va xayol suradi.

Goh Yoʻlchining marhum onasini, xayol kuchi bilan jonli, ravshan tasavvur qilishga tirishadi. Gulnor qaynanalarning koʻpini badfe’l, urishqoq boʻlishini yaxshi bilsa-da, Yoʻlchining onasini mehribon, koʻngilchan, gʻoyat samimiy bir qaynana kabi tasavvur qildi. Ilgari ham ba’zan oʻz kelajagini oʻylagan vaqtlarda, baxtli hayot manzarasida, Yoʻlchining onasini ham koʻrar edi, qaynanasiga yelib-yugurib xizmat qilishni orzu qilar edi.
— Gulnor, qayoqdasan?—dadasining ovozini eshitdi. Gulnorning yuragi oʻynab, darrov javob berdi:
— Men bu yerda, gapiravering,— dedi-da, koʻz yoshlarini yashirish uchun muzday suvda yuz-koʻzini yuva boshladi. Yormat oshxonaga yaqinlashib gapirdi:
— Hamma ish manda qoldi. Kech qaytaman. Sen bir ozdan keyin tashqari hovliga chiq, mehmonxonalarni supurib, asboblarni top-toza qilib qoʻy!
— U yerda hech kim yoʻqmi?
— Kim boʻlar edi? — Xoʻp, dada?

* * *

Gulnor mehmonxonalardan birini supurib, koʻrpachalarni hovliga olib chiqib qoqdi. Tokcha ichiga yasalgan qizil, yaltiroq silliq yogʻochdan ishlangan shkaflarni, bezak uchun u yerga, bu yerga qoʻyilgan katta-kichik chiroyli xitoy vazalarni latta bilan yaxshilab artdi. Keyin ikkinchi uyga oʻtdi. Bu uyda har vaqt Mirzakarimboy oʻtirar edi. Tanchaning ustida boyning sadaf tasbehi, koʻzoynagi yotar edi. Gulnor ularni tokchaga olib qoʻydi. Chang chiqsin uchun, derazalarni ochdi. Uzun, goʻzal sochlarini osiltirib, enkayib uyni supura boshladi. Nogoh, oyoq tovushi eshitdi, derazadan qarab Mirzakarimboyga koʻzi tushdi. Kamzulining tugmalarini darrov ilib, supuraverdi. Mirzakarimboy shoshib-pishib uy ichiga kirgach, Gulnor chetlanib, devorga qisilib, sekingina «assalom» dedi.
— E, gul qizim, shundamisan? Barakalla, oppoq qizim.— Boy bir zumgina Gulnorga kulib qaradi. Soʻng, uyning toʻriga oʻtdi, yana muloyim soʻzladi:— Birovning omonat narsasi bor edi, qizim, unutibman. Ancha yerdan qaytdim. Taxmonda ustiga sholcha tashlangan, ogʻir poʻlat sandiqni jaranglatib ochdi-da, bir nimani olib, tezgina choʻntagiga yashirdi, sandiqni yana qulfladi.

Gulnor cholning chiqib ketishini qutib, devorga qisilgan holda turdi. U uyalgan edi. Chunki bir yildan buyon, onasining buyrugʻi boʻyicha, boyga juda siyrak koʻrinar va unga yaqin kelmaslikka tirishar edi. Lekin, boy uchrab qolsa, albatta, gapga solar edi. Hozir esa u bilan tanho uchrashganda, oʻzini qayoqqa olishni bilmay, sarosimada qoldi.
— Oppoq qiz, kiyiming yomonku-a...— uy oʻrtasida toʻxtab dedi u,— nimaga Yormat menga arz qilmaydi? Onang qalay, kiyim-kechagi butmi? Uyalma, aytaver. Oppoq qiz, nega yuzingni burasan? Voy-voy, uyalma, tirikchiliklaring qalay, nima yetishmaydi? Manga aytmasalaring, kimga aytasanlar? Otalaringman

Xoʻjayinning ogʻzidan bunday gʻamxoʻrlik, mehribonlikni birinchi marta eshitgani uchun qiz juda hayron boʻldi, uyalibgina, ta’zim bilan javob berdi:
— Tirikchiligimiz avval qanday boʻlsa, hozir ham shunday. Oʻzingiz bilsangiz kerak.
— Qizim, man koʻp surishtirmayman,— qizga bir qadam yaqinlashib dedi boy, — avvalgiday degin, mazasi yoʻq, degin. Yoʻq, endi albatta, durust boʻladi. Dadang qancha yildan beri manda ishlaydi. U kelganda san chaqaloqmiding yo onang qornidamiding? Koʻp zamon oʻtdi. Qizim, dadang yahshi ishladi, yashirmayman. Ammo endi rohatini koʻradi, endi sizlarni roʻyobga chiqaraman,— boy, Gulnorga boshdan-oyoq razm solib, koʻzlarini qisib, labini yalab qoʻydi.

Gulnorning yuzi uyatdan olovlangan boʻlsa ham, dadasiga yaxshi turmush va’da qilgan xoʻjayinga nisbatan soʻzsiz boʻzarib turishni odobsizlik deb bildi, yerga qarab dedi:
— Yaxshiligingizni unutmaymiz...— Supurgini tashlab, teskari oʻgirilib tokchalarni tozalashga urindi.
— Beri kel, sanga bir nima koʻrsataman,— sekingina dedi xoʻjayin.

Gulnor hech nimaga tushunmasdan, qizarib moʻysafidga qaradi. Lekin turgan joyidan qimirlamadi. Boy haligi sandiqni ochib, oq lattaga oʻralgan bir tugunchak oldi.
— Beri kel, qizim!— qoʻli bilan imladi kulib. Qiz taraddudlanib, sekin-sekin uning yoniga bordi.

Xoʻjayin tugunchakni ochib, deraza tomonga oʻtdi.
— Koʻrdingmi? Bu nima? Mana bu dur, mana bu marvarid. Mana bu yongan gavhar. Qolganlari — har xil toshlar, yoqut, zumrad.

Mirzakarimboyning hovuchiga sigʻmagan bu qimmatbaho bezaklar koʻzni qamashtiradi. Oq, sargʻish dur va marvaridlar porillaydi, yoqutlar, gavharlar rang-barang yonadi. Hammasi bir-biridan goʻzal tovlanadi. Gulnor qiziqib tomosha qildi.
— Mana bu durmi? Juda toza ekan. Nuri opamda ham bor-a?
— Hammasi asl, qizim. Menda past narsa boʻlmaydi,—dedi xoʻjayin, keyin qizga qarab, koʻzini qisib kuldi.— Ol, bir shodani taqib koʻr. Juda yarashadi... Bularning bari qizlarga, xotinlarga chiqarilgan. Ma, ol, taq...— deb Gulnorning hovuchiga toʻkdi.

Qiz bezaklarni bir nafas hovuchida tutib, yorugʻga solib, yana tomosha qildi. Lekin, birdan, onasining mozorini quchish uchun sovuqda qor kechib ketayotgan yetim, motamli Yoʻlchini esladi. Qoʻllari titradi, koʻzlarini hasrat bosdi.
— Yoʻq, men taqmayman, boy ota. Koʻrdim, boʻldi-da, oling,—bezaklarni Mirzakarimboyga uzatdi.
— Voy, tentak qiz, uyaldingmi?—U qarilikdan yoshi oqib, chetlari qizargan koʻzlarini Gulnorga allaqanday hirs bilan tikdi va soqollarini qashib, soʻzladi.— Xoʻp, hozir taqmasang, choʻntakka sol, uyingga yashir, keyin taqarsan.
— Nima deysiz?—hayron boʻlib soʻradi qiz.
— Nimaga agʻrayasan, gul qizim? Buni man sanga berdim, ol, yashir!
— Yoʻq, man sira taqqan emasman, boy ota! — dedi-da Gulnor orqasiga chekindi. Supurgini olib, changʻitmaslik uchun, sekin-sekin supura boshladi.

Mirzakarimboy: «ixtiyor sanda, qizim» degan gapni ikki-uch marta takrorlab, javohirotni qaygadir yashirdi va istar-istamas, sekin yurib chiqib ketdi.

Gulnor uyni yigʻishtirar ekan: «Boyning fe’li yaxshilanibdi, ilgari ziqna edi. Boyligi oshib-toshib ketdi, derdi dadam. Shuncha pulni, shuncha molni nima qilsin. Endi qarib, savob yoʻlini esga olibdi. Dadamga, Yoʻlchiga yaxshi qarasa, mayli-ya», deb oʻyladi. Haligi bezaklar uning koʻz oldida yondi, ularni olmaganiga dam achindi, dam nimadandnr shubhalanib, yaxshi qildim — olmadim, deb oʻyladi.

Oʻninchi bob

I

Hakimboyvachcha koʻk chakmaniga oʻralib, qimmatbaho qunduz telpakni boshiga yengil qoʻndirib, atrofga nazar solmay, har vaqtdagi kabi, gʻurur bilan kelar edi. Mahallaga qayrilishda goʻyo uni kutib turgan kabi, ellik boshi Olimxon uchrab qoldi. U boyvachchaniig qoʻlini yumshoqqina qisdi.
— Mulla Hakimjon, biznikiga marhamat qiling.— Xushovoz bilan dedi ellik boshi.
— Rahmat, Olimxon aka. Man uyga boray.— Hakimboyvachcha taklifni oddiy manzirat deb bilgani uchun ketmoqchi boʻldi.
— Yoʻq, boyvachcham,— ma’noli iljaydi ellik boshi,— ikki ogʻiz soʻzim bor, tasaddugʻingiz boʻlay, marhamat qiling.

Hakimboyvachcha yelkasini qisdi. Istar-istamas, Olimxonning ketidan yurdi, qorongʻi yoʻlakdagi katta narvondan boloxonaga chiqdi. Boloxona boʻgʻot tomli, tishdan koʻrimsizgina boʻlsa ham, ichi bejirim — qadimcha edi. Shipi sharqcha naqshdor uy, naqshlar eskirib, rangi xiralangan, lekin hali diqqatni tortarlik holda. Tokchalar qadimcha — ganchdan ishlangan qat-qat katakchadardan iborat. Uyning toʻriga eskiroq gilam, quyi tomoniga qip-qizil yangi namat solingan. Tancha atrofida yangi koʻrpachalar.

Hakimboyvachcha tanchaga oʻtirib, orqasidagi yostiqqa suyandi. Ellik boshi mayin toʻqilgan chakmanini yechdi, tuxumday silliq va oppoq sallasini olib qoziqqa ildi.

Dasturxon olib chiqish uchun shoshib-pishib hovliga tushib ketdi.

Olimxon, zamonasiga muvofiq, oliftanamo, yoshiga qaraganda, chiroyli, silliq kishi edi. Yoshi oltmishga yaqinlashgan boʻlsa ham, odamlar ellikdan ortiq bera olmaydi. Ancha oq tushgan soqollarini, moʻylovlarini muntazam qirdirib, tarab, silab yuradi. Har vaqt yaxshigina, ixchamgina kiyinadi. Barmoqlariga toshi yirik uzuklar taqadi. Soati ham bor, odamlar bilan gaplashganda, koʻkragida osilib turgan kumush zanjirni aksar vaqt oʻynab qoʻyadi. Lekin Olimxonning muayyan kasbi-kori yoʻq. Bir vaqtlar mayda savdo bilan mashgʻul boʻlgan esa-da, koʻpdan buyon biron ish olib borganini hech kim bilmaydi.

Olimxon bekor yurib tirikchilik qilishning ham yaxshi yashashning yoʻlini topgan odamlardan. U juda quv, moʻltoni odam. Pul qarz olib, yeb ketish, qalbaki hujjatlar yasash, soddadil odamlarning hovli-joylarini oʻziga qaratish singari harom ishlarning piri edi. Ayniqsa, mahallaga ellik boshi boʻlgandan keyin, mansabidai foydalanib, haliginday ishlarni avjga mindirdi. U oʻn ikki yildan beri ellik boshilikdan tushmaydi. Mahalla fuqarolari u muttahamdan shikoyatlanib, qozixona va boshqa mahkamalarga arizalar topshirishlariga qaramay, xar saylovdan Olimxon sip-silliq chiqadi. Chunki mahallaning katta-kichik boylari, imomi, ulamosi bilan, xususan Mirzakarimboy bilan apoq-chapoq edi. Vaqti kelganda bular uni qoʻltiqlashadi. Olimxonning «fazilatlari» sanoqsiz: u, ellik boshi boʻlgani uchun, hamma toʻy, ma’rakalarga burnini tiqadi, mahallaning odamlari orasida yuz bergan har xil janjal va talashuvlarga boshi bilan kirib ketadi, bir janjalni bostirib, ikkinchi janjalni oʻzi qoʻzgʻaydi. Bunday vaqtlarda u haq tomonni emas, qay tomon obroʻliroq boʻlsa, porani koʻproq bersa, uni mudofaa etadi. Yerli-suvli puldor odam vafot qilsa, uning vorislarini bir-biri bilan jiqqamusht qiladi. Keyin loyqa suvda baliq tutib, oʻziga katta hissani qoʻporadi. Boylar bilan qish-yoz gap-gashtak yeydi. Lekin oʻzi hech vaqt gap bermaydi...

Hakimboyvachcha yolgʻiz qolarkan, uning ma’lum va chala ma’lum kirdikorini bir-bir xotirdan kechirdi, uning epchilligiga qoyil boʻldi. Lekin boloxonaga da’vat etilishidan shubhalandi: «Ehtiyot boʻlishim kerak. Yana bir hiyla-nayrang toʻqiganga oʻxshaydi. Mandan maslahat soʻraydimi? Lekin, ish har qancha chatoq boʻlmasin, u birovdan yoʻl-yoʻriq soʻramasdi. Qaydam. Pul soʻrasa, albatta yoʻq deyman».

Olimxon meva-cheva bilan toʻla bir patnis olib chiqdi. Soʻng gʻizillab tushib, shaqillab qaynagan samovarni keltirdi, choyni quydi. Yeb-ichib oʻtirishni, odatdagicha, xushomadgoʻylik bilan taklif qildi. Boyvachcha danakday nonni ogʻziga tashlab, vaqti ziqligini bildirmoqchi boʻldi:
— Olimxon aka, soʻzlang...
— Suhbatingizga orzumand edik, shoshmang. Marhamat qiling,— dasturxonga ishorat qildi Olimxon. Keyin urush xabardari toʻgʻrisida, shoshmay-pishmay soʻz ochdi. Eshitgan xabarlarini jabhaga borib kelgan odam kabi qat'iy gapira boshladi. Dushmanning toʻplari, aeroplanlari, «aqlga sigʻmaydigan» boshqa hunarlari haqida lof qildi. Hakimboyvachcha, urush xabarlariga har vaqg qiziqqanlikdan, diqqat bilan tingladi. Soʻngra, oʻzi ham gapirdi. Rus, tatar, yahudiy savdogarlaridan bu kun eshitgan koʻngilsiz voqealarni, podshoh hukumatining ahvoli ancha tang ekanini toʻkib soldi. Lekin ikkisi ham bu xabarlarning notoʻgʻri ekanini oʻz bilganlaricha isbot qilishga tirishdi. Har ikkisi podshohga va askarlarga Ollodan madad tiladi.

Yarim soatdan ortiqroq choʻzilgan bu qizgʻin va zeriktirmovchi suhbatdan soʻng, Hakimboyvachcha sabrsizlanganini bildirdi. Ellik boshi bir minut qadar sukut qilib, haligi «ikki ogʻiz» soʻzini qay turda boshlashni oʻyladi-da, jilmayib qoʻydi.
— Mudla Hakim, bir nozik ish bor. Lekin xayrli ish. Bu ishga qadam qoʻymasdan ilgari bir karra sizning oldingizdan oʻtish, ra’yingizni bilishga toʻgʻri keladi. Inshoollo, siz yolgʻiz fikr berish emas, balki quvona-quvona bu ishga oʻzingiz boshchi boʻlarsiz...
— Gapiravering, yaxshi ishga belim bogʻliq,— dedi Hakimboyvachcha, kumush portsigaridan papiros olib, labiga qistirdi, Olimxonga ham tutdi. Soʻng, shubhali bir boqish bilan unga tikildi.
— Ma’lumki, mulla Hakim, erkakni qaridi, keksaydi deb boʻlmaydi. Chunki halloq olam oʻz qudrat qalami bilan erkakni asl, puxta yaratgan. Erkakning jismidagi javhar tugamaydi...— Olimxon papirosni yoshlar kabi olifta qistirib, tutatib, soʻzini davom ettirdi: — Soʻzim toʻgʻrimi? Mehribon onangizning oʻlganlariga mana toʻrt oyga yaqinlashdi. Boy otamni uylantirish kerak. U kishining yoshlari ancha ulgʻaygan boʻlsa ham, lekin hali juda tetiklar. U kishining yuragi hali yigit yuragiday. Man buni juda yaxshi bilaman, u kishi hali ishdan qoʻl uzganlari yoʻq, xushchaqchaq suhbatni yahshi koʻradilar, yor-doʻstlarinikiga boradilar. Bu narsa koʻrsatadiki, Mirzakarim otam dunyo lazzatini yaxshi tushunadilar, yana koʻp vaqt bu lazzatdan bahramand boʻlishni istaydilar. Modomiki ahvol shunday ekan, u qishining orzulariga quloq solishimiz kerak boʻladi. Maqsadim shuki, siz — katta oʻgʻillari doʻstlaridan man, ikkimiz bosh qoʻshib uylantirsak... Bu juda shirin ish boʻlar edi-da...— Ellik boshi jilmayib moʻylovini juda ohista siladi, Hakimboyvachchadan javob kutdi.
— Durust,— beparvolik bilan javob berdi Hakim,— men oʻzim ham oʻylab yurar edim. Dadamga tahorat suvi beradigan, erta-kech holidan habar oladigan bir moʻmin-ma’qul zaifa topilsa, yaxshi boʻladi. Olimjon aka, siz bu xususda dadam bilan gaplashdingizmi? Yo doʻstingizga oʻzingizcha gʻamxoʻrlik qilasizmi?

Ellik boshi boyvachchaga choy quyib berdi, oʻzi tishi bilan noʻxotdek qandni ushatib olib, bir qultum choy ichdi, soʻngra shoshmasdan gapirdi.
—Dastlab bu gapni dadangiz oʻzlari oʻrtaga otdilar. Bundan bir hafta ilgari uzoq gaplashgan edik. Man sizni xoliroq joyda uchrata olmadim. Xayr, ezgulikning kechi yoʻq. Ammo, mulla Hakim, man hali dedim-ku, boy otamning koʻngli yosh. Koʻngilni yana yosh qilmoqchilar, tushundingizmi? Tahorat suvi beruvchi ayolni ogʻizga olmang, inim.

Hakimboyvachcha patnisni chertib, boshini chayqab, bir lahza sukutdan soʻng dedi:
— Yosh xotin olmoqchi deng? Qiziq!
— Dadangizning orzulari bundan ham baland. U kishi yel oʻpmagan gulni uzmoqchilar, nima deysiz? Ammo boy otamga yarashadi. Man u kishining koʻngliga qoyil qoldim. Oʻtar dunyoda zavq-safo gʻanimat, ayniqsa dadangizga yarashadi.— Olimxon birdan tovushini sirli ravishda pasaytirdi. — Sizdan yashirmayman, dadangiz qizga uylanmoqchilar! Boyvachcha, ota orzusiga himmat kamarini bogʻlayvering...

Hakimboyvachchaning koʻzlari hayratdan ola-kula boʻlib ketdi:
— Qiz, shu gaplarning bari rostmi? Tavba!
— Hey-hey-hey,— ellik boshi kulib, koʻzlarini artdi,— ignaning uchiday yolgʻoni yoʻq, quling boʻlay, boyvachcha. Men sizga tilmochlik qilyapman. Hatto, «kuyov yigit» oʻzlariga munosib bir qizchani ham ishorat qildilar, oʻhu, gap koʻp. Dadangizning tabiatini bilmas ekansiz-a?...
— Kimning qizi ekan u onamiz?—dedi asabiylanib Hakimboyvachcha.
— Yonbagʻringizdagi Yormatning qizi!— beparvolik bilan javob berdi ellik boshi.
— A? Tushmi, oʻngmi? Nima deyapsiz oʻzingiz? Toʻgʻrisi, hech xotirga kelmagan gaplar.— Boyvachchaning rangi bir oz oqardi, koʻzlari asabiy ravishda qisildi, papirosni ustma-ust tortib, ancha vaqt jim qoldi, soʻng dagʻallik bilan dedi:
— Boshqa qiz... topilmaydimi?
— Dadangiz bu toʻgʻrida shunday bir mulohaza yurgizdilar: oʻz qoʻlimizda oʻsgan moʻmin-ma’qul, sinashta qiz, sirimizga oshna... Ammo, menimcha, koʻz oldilarida olovday yonib yurgan chiroyli qiz boʻlsa kerak u, koʻngil u qizga andak moyildak koʻrinadi. Man shunday sezdim. Chiroyli qiz — oftobday koʻngilni yondiradi. Chiroyli qiz — koʻzning nuriga nur qoʻshadi. Qiz zoti — qizil olma: suvda balqib-qalqib kelayotgan qizil olmani koʻrsangiz, choʻkib ketishni unutib, qoʻlingizni choʻzasiz unga... Boyvachcha, nima deysiz? Yormatning qizini dadangizga qoʻshsak, naq uzukka qoʻyilgan asl toshday oʻz joyiga tushadimi?

Hakimboyvachcha indamadi. Olimxonga qaramasdan, boshini quyi solib, bu kutilmagan voqeani oʻyladi. Dadasidan ranjidi. Ayniqsa, Gulnorga koʻz tikkani uchun achchiqlandi.

Gap-gashtaklarda, oʻtirishlarda kitobxonlik qilgan joʻralari orasida «shirin suxan»lik bilan tanilgan Olimxon sayrayverdi. U Mirzakarimboyning tabiati haqida, chol kishi uchun qizga uylanishning foydalarini, qiz husni, uning lazzatlari, zavqi haqida lablarini yalab ishtaha bilan uzoq gapirdi. Uning qiz maqtovlariga Hakimboyvachcha, nihoyat, chiday olmay, oʻrnidan sachrab turdi.
— Xoʻp, man ketdim.
— Mulla Hakimboy, otangiz bu ishga jazm qilganlar. Bir xizmatkorning qizini dadangizdan ayaysizmi? Siz aqlli yigitsiz, sizga oʻrgatish qiyin, lekin aytayin, dadangizning orzusini qoniqtirish — sizga farz. Oʻgʻil, qanday boʻlmasin, otaning quli boʻladi.— Ellik boshi boyvachchaning oldini toʻsdi.
— Xoʻsh, man nima kilaman?— yerga qarab soʻradi boyvachcha.
— Sizga shunday vazifa yuklanadi: ukangizga, singlingizga, xoʻsh, yana kim bor, shularga ohista tushuntirasiz, ya’ni ular Mirzakarimboy otamga araz qilmasinlar, mana shu. Toʻy boshi albatta, men oʻzim...

Hakimboyvachcha «yoʻq» ham demadi, «xoʻp» ham demadi. Olimxon bilan sovuqqina xayrlashib, uyga joʻnadi.

U hovlida oʻynab yurgan va «dada!» deb har yoqdan yugurishgan bolalariga nazar solmay, toʻgʻri oʻz uyiga — yangi, koʻrkam, ichlari havo rang boʻyoq bilan boʻyalgan va har xil qimmatli buyumlar, asboblar bilan yasatilgan uyga kirdi. Uy juda sovuq boʻlsa ham, tanchaga oʻtirmadi. Hech vaqt foydalanilmaydigan, lekin savlat uchun qoʻyilgan yangi va kunguralari kumushday yarqiragan katta karavotga oʻzini tashladi. Uzoq vaqt oʻylab yotdi. Dadasining uylanishiga qarshi turish uchun hech qanday asos topa olmadi. Chunki dadasi oʻz soʻzli, vaqti qelganda har qanday monelikni yakson qiluvchi zabardast keksa boʻlganidan, uning qizga uylanishiga toʻsiqlik qilish mumkin emasligini angladi. Ammo Gulnorga uylanishi boyvachchaning yuragini tirnadi. Chunki Hakimboyvachcha koʻngli bilan boʻlmasa-da, erkak orzusi, hirsi bilan Gulnorga moyil edi. Gulnorning boʻyi oʻsib, koʻkragi toʻlishib, butun gavdasi qizlik latofati bilan yashnagan chogʻda boyvachcha uni koʻz tagiga olib qoʻygan edi. Lekin Gulnorga uylanish toʻgʻrisida dastlab taraddudda qoldi. Birinchidan, bola-chaqali odam xotin ustiga xotin olsa, uyda har kun janjal-suron boʻlishi shubhasiz; ikki xotinning qovoq-dimogʻiga qarab janjallariga qozi boʻlib, boshim qotadi, deb qoʻrqqan edi. Ikkinchidan, bir xizmatkorning qiziga uylanishni — qiz qancha chiroyli boʻlmasin — Oʻz gʻururi, oʻz obroʻsi uchun katta nuqson deb bilar edi. Chunki Hakimboyvachcha oʻz gʻururi — obroʻsiga birovning oz-moz til tegizishini koʻtarmas edi. Lekin keyinchalik u bir qat'iy fikrga kelgan ediki, buning silliqli va illatsizligiga sira shak-shubha qilmas edi. U shunday qarorga kelgan: Fargʻona shaharlaridan biriga, masalan, oʻzi koʻproq qatnaydigan Qoʻqonga biron ish bahonasi bilan Yormatning butun oilasini koʻchiradi. Keyin oʻzi borib, Yormatga kuyov boʻladi. Qoʻqonda bir xotin, Toshkentda bir xotin. Ular bir-birlarining yuzlarini koʻrmaydilar. Janjal-suron yoʻq. Bu uylanishdan birinchi xotini va boshqalar sira xabardor boʻlmasligi ham mumkin. Oʻzi dam Toshkentda, dam Qoʻqonda yashayveradi. Qoʻqonda, Hakimboyvachcha xizmatkorning qizini olibdi, degan gap-soʻz ham boʻlmas. Boyvachcha mana shu rejani amalga oshirish uchun jiddiy kirishmoqchi boʻlgan pallada onasi oʻlib, yana bahorga qadar sabr qilishga majbur boʻlgan edi.

Hakimboyvachcha hozir bu rejasini xoʻp oʻylab koʻrdi. Buni shu kunlarda yuzaga chiqarish mumkin boʻlsa-da, oqibati xunuk koʻrindi. Dadasi koʻz tikkan qizni qochirish, unga uylanish ikkinchi marta ota yuzini koʻrmaslik bilan baravar edi. Hakimboyvachcha bu masalada oʻzining uzoq vaqt taradduddanganiga, nihoyat, fursatni qochirganiga afsuslandi. Ortiq chora yoʻq edi. U istar-istamas, Gulnordan voz kechdi.

Uning xotini Tursunoy tuxum bilan qovirilgan moyli qoʻy goʻshtini bir xitoy laganda keltirib, sandal ustiga qoʻydi: «Turing, sovib qolmasin», dedi. Hakimboyvachcha xoʻrsinib oʻrnidan turdi. Ovqatdan bir oz yedi-da, laganni chetga surib qoʻydi.
— Salim keldimi?—dedi xotiniga.
— Shavkat yoʻtaladi; doktorgami, tabibgami ketdilar,— dedi xotini. — Kelsa unga ayt, albatta menga uchrasin!— dedi-da, sovuqdan uvushgan badanini tanchaga tiqib yotdi.

* * *

Salimboyvachcha akasini har kungidan jiddiyroq va xafaroq koʻrdi. Yer toʻgʻrisida bir chatoq odam bidan sudlashib yurgan edi, sud ishni buning zarariga hukm qilganmikan, deb oʻyladi.
— Nima boʻldi, xafa koʻrinasiz?— Gʻamxoʻrlik bilan soʻradi Salimboyvachcha. — Dadam uylanarmish, nima deysan?—shartta javob berdi Hakimboyvachcha.
— Muncha tez? Oyimning hayit-ma’rakasi oʻtmasdan! Hakimboyvachcha qoʻlini silkidi.
— Oʻldi ketdi. Joyi jannatda boʻlsin,— dedi u,— men ellik boshi bilan gaplashdim. Chol unga hamma sirini aytipti.
— Xoʻp... Qidirsin. Ozoda, saranjom-sarishta, befarzand, xoʻsh, yoshi ulgʻaygan bir ayol topilsa mayli...

Hakimboyvachcha ukasiga qarab kinoya bilan kuldi, boshini ma’noli qimirlatib sukutga ketdi.
— Nima? Yosh xotin olmoqchimi? Tavba!—Salimboyvachcha koʻzlarini olaytirib sabrsizlik bilan gapirdi.— Bu teng odamlar uyda namoz bilan, tasbeh bilan ovora.

Salimboyvachcha achchiqlanib, yuzini teskari burdi.
— Salim, hali dadam tetik emish,— yotigʻi bilan tushuntirishga tirishdi Hakimboyvachcha,— qartaygan choqda aysh-ishrat surmoqchi emish. Xoʻsh, biz nimaga toʻsiq boʻlamiz? Bilasan-ku dadamning fe’lini, uning fikrini birov kesa oladimi? Hovliqma, uka, man sani maslahat uchun chaqirdim.— Yana xoʻmrayibroq, ovozini pasaytirib dedi,— u yogʻini soʻrasang, aytaymi, dadam Yormatga kuyov boʻlmoqchi! Gulnorga uylanmoqchi!..

Salimboyvachcha oʻrnidan irgʻib tushdi. Jahldan tanchaga bir musht urib, tancha ustida turgan katta lampani qulatay dedi. Soʻzlashga tili qotgan kabi, ancha vaqtgacha akasiga baqrayib qoldi, kipriklari qoʻrquvdan, gʻazabdan asabiy pirilladi.
— Nimaga titraysan?—dedi vazminlik bilan Hakim.— Ota rizosi Ollo rizosi. Dadam qiz olmoqchi ekan, olsin. Gulnorni olmoqchi ekan, olsin. Uka, biz toʻsiq boʻlmaydik, cholning dili ogʻrimasin...
— Qoʻlimizda choʻri boʻlib oʻsgan qiz sizga, manga ona boʻlsin, oilaning boshiga chiqsin. Isqirt Yormat bizga bobo boʻlsin!—dedi baqirib Salimboyvachcha.
— Sekin! Sekin gapir!—Hakimboyvachcha labini tishladi,— xotinlar eshitsa, gap-soʻz chuvaladi. Xoʻp, Gulnorga uylanmasa, boshqa bir kambagʻalning qiziga uylanadi-da. Har qancha boy boʻlmasin oldi-keti toʻla nabira boʻlgan cholga durust oila qiz beradimi?
— Qizmi, juvonmi, Gulnormi — baribir, man dadamning yosh xotin olishini xohlamayman,— dedi Salim, oʻrnidan turib, uy ichida asabiy yura boshladi. Soʻng, tancha ustida yotgan papirosidan olib, gugurt chaqishga sabri yetmay, qoshini kuydirib lampadan tutatdi va akasining naq boshida turib soʻzlab ketdi:
— Nimaga kuyaman, aka, bilasizmi? Yosh xotin shartta-shartta tugʻaveradi. Bir vaqt kelib, dadamning kuni yetsa, Gulnorning churvaqalari bosh koʻtaradi. Ularga himoyachilar topiladi. Yaxlit davlat, bilmadim, necha boʻlakka boʻlinadi. Sagʻir-kabirlarga ajratilsa, togʻ ham uvoqlanadi. Shunday kilib, Mirzakarimboy xonadonidan baraka uchadi. Siz bu narsalarni oʻylamaysiz shekilli...

Ukasining mantiqi qarshisida Hakimboyvachcha ham esankirab qoldi. U hali koʻproq boshqa xayollar bilan bosh qotirib, bu tomonlarga ahamiyat bermagan, toʻgʻrisi, esga keltirmagan edi. Chunki uning qoʻli «uzun» edi, davlatning bir qismini dadasidan, ukasidan yashirin ishlatib, xolis oʻziga qarashli katta bir boylik orttirgan edi. Lekin bunga qaramasdan, hozir uning koʻz oldidan bir qator goʻdaklar, oʻgay ukalar oʻta boshladi. U boshini qoʻllari orasiga olib, jim oʻtirdi. Nihoyat, charchaganday, bir uh tortdi-da, sekin gapirdi:
— Bir iloj top. Six ham kuymasin, kabob ham.— Salimboyvachcha javob bermadi. Uning harakatlari notinch... jahldan barmoqlarini tishlab, dadasining, Yormat va Gulnorning sha’niga bir-biridan achchiq, oʻtkir soʻzlarni oʻz-oʻzicha mingʻirlayverdi.
— Behuda yonma, uka, bir aql top!

Salimboyvachcha akasining yoniga tiz choʻkdi, boʻgʻilib shivirladi:
— Munga nima deysiz?.. Uylanmasdan ilgari dadam hamma mavjud dastmoyani, butun yer-suvni va boshqa mulklarni bizga hujjat qilib berib, muhr bilan mustahkamlasa... Boshqa narsa kerak emas. Keyin kimni olsa olsin, hech ishim yoʻq.

Hakimboyvachcha yalt etib ukasiga qaradi. Yengillangan kabi koʻkragini koʻtarib xoʻrsindi-da, moʻylabi orasidan jilmayib:
— Juda soz. Koʻp odamlar shunday qilishadi. Lekin cholga ogʻir botmasmikan?— dedi.
— Yoʻq, sira xafa boʻlmaydi,— dedi Salim,— dadam boylikni biz uchun topgan. Gulnorga uylanishni jazm qilgan boʻlsa, bu talabimizni rad qilmaydi. Bu shartga koʻnmasa men tamom noroziman...— qoʻlini keskin silkidi Salim.
— Norozi boʻlishdan nima foyda? Dadangdan kechasanmi? U xohlagan ishini qilaveradi. Haligi fikring soz. Man ertaga ellik boshi orqali dadamga bildiraman. Javobi qanday boʻladi. Buni ayta olmayman... Har holda koʻndirishga harakat qilaman. Uka, man uch-toʻrt kundan keyin Fargʻonaga joʻnayman. Lekin san cholning koʻnglini zarracha ogʻritma, durustmi?

Salimboyvachcha akasining bunday «boʻshang»ligiga gʻazablanib, uni koyimoqchi boʻlgan paytda, eshik ochilib, Tantiboyvachcha kirib keldi. Ikki ogʻa-ini bir qadar sarosimaga tushib, oʻrinlaridan turishdi.
— Suhbatlaringni buzdim shekilli, salomatmisizlar?—Tantiboyvachcha koʻrishib, ogʻir poʻstini bilan sandalga choʻkdi. Aka-ukaning basharasiga razm solib, kinoya bilan dedi:
— Koʻzlaringiz bejo, nima boʻldi, tinchlikmi?
— Tinchlik, tinchlik...— aka-uka birdan javob berishdi.
— Man sizlarga xushxabar keltirdim,— taltayib kulib dedi Tantiboyvachcha,— xudo jiyaningiz Mirobidga oʻgʻil berdi, sevinchi choʻzinglar!
— Oʻhoʻ, juda yaxshi. Muborak boʻlsin nabira!
— Oʻn olti yoshda Mirobid oʻgʻil koʻrdi-a. Tavba!
— Kichkina ota!
— Biz yigitcha — bobo boʻlaylik,— xaxolab kuldi Tantiboyvachcha.
— Dadam,— kinoya bilan kulib dedi Salimboyvachcha,— mana evarali boʻldi. Katta toʻy qilib bersin endi...

Hakimboyvachcha labini tishlab, ukasiga ma’noli qarab qoʻydi...

II

Ikki ovsin — Tursunoy bilan Sharofatxon — birga oʻtirib, «hasratlashar» edi. Erlari Hakim va Salimboyvachchalarning uch kundan buyon qovoq-dimogʻlari osilganining sababini bu kun bilishdi. Qaynatalari Gulnorga uylanish niyati ular uchun katta motam boʻldi. Chunki ular katta ogʻiz, kutuvchi, butun roʻzgʻor, mol-mulkka oʻzini yagona xoʻjayin hisoblagan, oʻziga izzat va hurmatni benihoyat talab qilgan qaynanadan yaqinda qutulib, uy ichida oʻzlarini endi bir daraja mustaqil seza boshlagan edilar. Qaynataning qayta uylanishi yodlariga kelmagan edi ham. Toʻsatdan cholning Gulnorga uylanish orzusi ularning kapalagini uchirdi. Ikki ovsin, oralaridagi dushmanlikni hozircha yigʻishtirib, kutilmagan falokatni oʻylay boshladi. Ularning yuragiga motam solgan «falokat» mana shu vahimadan iborat ekanligi suhbat vaqtida aniqlandi: Gulnor choʻri qiz. Bizlarning otalarimiz kim? Toshkentning eng ovozali boyi. Choʻri qiz bizga qaynana boʻladimi?! Gulnor choʻri boʻlsa ham, juda chiroyli qiz. Shuning uchun chol uni qadrlaydi. Yosh, chiroyli xotinga yoqish, uning koʻnglini koʻtarish uchun, uni hammamizning boshimizga oʻtqazib qoʻyadi. Keyin Gulnorga xudo berdi, u erka-arzanda xotin boʻlib, eriga suyalib, koʻngliga nima kelsa, shuni qiladi, bizni har narsadan chetga qoqadi, balki boshimizda yongʻoq chaqadi. Kambagʻalning qizi ochkoʻz, molparast boʻlmasdan iloji yoʻq. Uydagi hamma asil buyumlarni oʻzi egallab oladi, biz unda nima qilamiz? Qaynatamizga qarshi «churq» etib ogʻiz ocholmaymiz, erlarimiz boʻlsa ota koʻrsatgan izdan chiqishmaydi... Agar chol bironta qari xotinga uylansa edi, ikkalamiz «ittifoq» yasab, uni yumaloq yostiq qilib chetga otar edik...

Bu falokatga toʻsiqlik qilishdan ojiz bulgan ikki ovsin shu kayfiyatda hasratlashar ekan, darvoza yoqdan Nurining yigʻisi eshitildi. Ular shoshib-pishib oʻrinlaridan turishdi-da, qayinsingilni qarshi olish uchun hovliga tushishdi.

Onasi oʻlgandan beri Nuri tez-tez kelib turar edi. Ona oʻlimiga dastdab chiday olmagan kabi koʻringan Nuri, sekin-sekin taqdirga tan bergan, hatto avvalgiday bir gapirib, oʻn kuladigan bir holga kelgan esa-da, har kelishda eshikdan baqirib kirar edi. Chunki qoʻni-qoʻshnilar: «falonchining qizi bemehr ekan» deb ayblashlari mumkin!.. Shuning uchun u har gal uyda, yo ayvonda choʻqqayib, istar-istamas, yigʻi berar, ya’ni dastroʻmolni yuziga tutib, koʻzidan qatra yosh chiqmasa ham, onasining sha’niga bulbulday aytib «yigʻlar» edi. Tursunoy va Sharofatxon qaynananing oʻlimiga ichidan gʻoyat sevingan boʻlsalar ham, sir boy bermaslik uchun va Nuridan qoʻrqqanlari uchun, ovozlariga choʻziq, qalbaki motam ohangi berib, bosh yigʻichiga joʻr bulishar edi.

Bu kun ham naq shunday qilindi. Yigʻidan soʻng ikki ovsin darrov Nurini oʻrtaga olib, shivir-shivir bilan «falokat»ni tushuntira boshladi. Nuri bu voqeaning uchini eshitgan hamon bezgakday qaltirab ketdi, koʻzlari jinni koʻziday qoʻrqinchli bir gʻazab bilan olaydi. Hatto kelinlarni qoʻrquv bosdi. Nurini sekingina xoli uyga olib kirishdi.
— Gulnor qani?— yulinib baqirdi Nuri.— Hozir boʻgʻib oʻldiraman!..

Tursunoy bilan Sharofatning rangi boʻzday oqardi. Chunki erlari bu sirni hozircha zinhor ogʻizdan chiqarmaslikka buyurishgan edi. Endi ular bir-biriga gal bermas, Nurini avrashga, yupatishga harakat qilishdi.
— Gʻavgʻo koʻtarmang, dadam xafa boʻladi, yotigʻi bilan ish qiling! Akalaringiz kelganda ularning oyoqlariga yiqilib yigʻlang, bizlardan eshitganingizni bildirmang, durustmi? Dadamga munosib xotinni men oʻzim topaman, deng...

Nuri mast jinniday betoqatlanib, kunni oʻtkazdi. Kechqurun Salimboyvachcha doʻkondan qaytgach, Nuri, kelinoyilari oʻrgatgandek akasining oyogʻini quchib yigʻladi. Salimboyvachcha singlisini turgʻizib, tanchaga oʻtqazdi. Lekin titrab-qaqshab gapirdi:
— Eshitdingmi? Man sandan battar kuyaman. Lekin foydasi yoʻq, Nurioy! Biz hammamiz dadamizning qulimiz. Man sanga, toʻyga aralash, bosh boʻl demayman... Lekin ogʻzingni yum! Nima boʻlsa koʻrarmiz.
— Qanday ota u?—qichqirdi Nuri,— oyimning tuprogʻi sovumasdan, choʻri qizga uylanadimi? Kimsan Mirzakarimboy, tagi past, qashshoq qizga uylansa men qanday chidayman! Iflos choʻri qiz uyimizga boshliq boʻladimi?! Bilaman, juvonmarg Gulnor oʻzi qoshini qoqqan, koʻzini uchirgan, shunday qilib dadamni yoʻldan ozdirgan.

Salimboyvachcha istehzo bilan kuldi, zoʻr bilan Nurining ovozini oʻchirdi. Soʻngra imo bilan xotinini uydan chiqardi-da, mol-mulkii hozirdan oʻzlariga oʻtkazib olish toʻgʻrisidagi u kungi fikrni tushuntira boshladi...

Ikkinchi kun ertalab Nuri akalari kabi boʻshanglik qilishni istamay, mahalladan bir kampirni topib, unga bosh-oyoq kiyim berish va’dasi bilan zoʻr folbinga boshlab borishni soʻradi. Kampir paranjini boshga ilib Nurini mashhur «qoʻngʻiroq» folbinga (ba’zilar «rost folbin» ham deyishadi) surgadi. Shoʻrtepa mahallasidan oʻtib, jarlikka tushdi. Objuvoz, tegirmonlarning yuqorisida, yeri shoʻrxok, devorlari buzuq-yoriq bir hovliga kirishdi. Hovli oʻrtasida chirik gavdasi oʻraday oʻpirilgan, qari bahaybat bir tup tol. Uning tarvaqaylangan qoʻpol, yalangʻoch shoxlari hovlining u burchagidan bu burchagiga yetadi. Ularga qoʻnib oʻynagan qargʻalar, bir nimadan choʻchigan kabi, ayanchli tovush bilan qagʻillashadi... Nuri oldinroq yurib, sahni yalangʻoch, eni bir boʻyra qadar ayvonga yaqinlashgach, tuproqqa qorishib yotgan katta, paxmoq kuchuk zanjirini shaldiratib oʻrnidan turdi. Nuri choʻchib orqaga qochdi. Lekin, kuchuk keskin bir «hov» bilan jim boʻldi, yalqovlanib yana yotdi. Nurini naq mozoristonda yolgʻiz qolgan kabi bir vahima bosdi, rangi oʻchib, kampirning pinjiga tiqildi, shubha va qoʻrquv bilan atrofga qarab-qarab qoʻydi. Ayvoncha bilan bir qatorda, qoʻrgʻon kabi baland, haybatli, lekin juda eski paxsa uyning is bosgan, qora eshigi jimgina ochildi, ostonada mudhish bir maxluq paydo boʻldi: bu folbin edi. Uning yoshini tayin qilish qiyin, qaddi u qadar egilmagan, lekin skelet kabi nuqul suyakdan iborat boʻlgan kichkina xotin, burushiqtirish yuzi — olqindi sovun; chuqur, ichiga botgan munchoqday koʻzdarida dahshatli qora olov yongan kabi... boshida qora roʻmolcha... Chirkin, kir sochlari haligi kuchukning yungi tusida va oʻshanday dagʻal, qalin, uzun, choʻpday ingichka suyak barmoqlari bilan eshik halqasini ushlab, Nuriga ancha vaqt baqrayib qaragandan keyin, koʻylak etagini yerda sudrab, ikki qadam oldinga yurdi. Nuri uning oldiga borishga qoʻrqib, uzoqroqdan ogʻzaki soʻrashdi. Kampir esa, goʻyo u folbin bilan egachi-singil kabi, quchoqlashib koʻrishdi. Nuri shoshib maqsadini anglatdi. Soʻngra, oʻz kampiriga suqulib, folbin orqasidan uyga kirdi. Uy zindon singari qorongʻi va sovuq, uyda nima borligini gʻira-shira koʻrish ham ancha qiyin. Folbin uy burchagida oqarib koʻringan chodir ichida yoʻqoldi. Bir ozdan soʻng u yerdan uning xasta tovushi chiqdi: «Eshikni yopinglar, muakkirlarim yorugʻdan qoʻrqadi...»

Eshik yopilgandan keyin qorongʻilik dahshatli ravishda quyuqlashdi. Nuri turtina-turtina chodir tomonga borib, oʻtirishga tirishdi. Qoʻrquvdanmi, qorongʻidanmi uning nafasi tiqildi... Nogoh burchakdan qoʻngʻiroqli chirmanda guldurab ketdi. Nuri bir seskanib chushdi, koʻzlarini yumdi. Chirmanda boʻgʻiq gumburlaydi. Qoʻngʻiroqlarning jarangidan vahima uchadi. Goʻyo chirmandani odam chalmaydi. Qorongʻi kechada mudhish jar yoqasida dev chaladi. Oyoqlariga, qoʻllariga qoʻngʻiroq taqqan qoʻrqinchli ajinalar raqs etadi!

Bu mudhish mash'um bazmga haligi yalmogʻiz folbinning xasta ovoz bilan vaysashi qoʻshildi: «Yo Sulton! Yo chilton! Hu-hu-hu!..»

Folbin uzoq vaysadi. Jinlarga yalindi-yolvordi, odam kulgisiga oʻxshamagan bir yoʻsinda qiyqirib kuldi...

Nuri oʻzini chinakam jinxonada his qildi, atrofini goʻyo jinlar oʻradi, boshi aylanib, sovuq ter bosib, koʻzlari yumila bordi... Kampirning: «Turing, Nurioy!» degan tovushini eshitar-eshitmas qoqila-suqila oʻzini eshikka otdi. Ogʻir, qoʻrqinchli tushdan qutulgan kabi, horgʻin «uh» tortdi, lekin quloqlaridan haligi jin bazmining guvillashi ketmagan edi. Bir ozdan soʻng folbin eshikka chiqib, ularning, ya’ni Gulnor bilan Mirzakarimboyning «dillarini bogʻlagan ipni» jinlar uzganligini yamlanib-yamlanib soʻzladi. Soʻngra, yakkam-dukkam iflos tishlarini yashirgan ogʻzini katta ochib esnadi, goʻyo uning butun badburush yuzini ogʻiz qopladi. Folbin ogʻzini yigʻishtirib, lattaga chandib oʻralgan, kattaligi danakday bir nimani yeng uchidan chiqarib berdi. Bu «amal» edi. Bu kichkina tuguncha ichida mozor tuprogʻi, temirtak, tobutning choʻpi, sovun, oʻlik tirnogʻi va hokazolar bor edi. Ularning har biri Gulnor uchun bir balo va ofatga ishorat qilishi kerak: mozor tuprogʻi — Gulnor tezdan tuproqqa qorishsin uchun; temirtak — Gulnor temirday qotsin uchun; tobut choʻpi va oʻlik tirnogʻi — bularning dahshati oʻz-oʻzidan ma’lum; sovun — Gulnor sovunday erisin uchun. Folbin bu dahshatli tugunchakni Gulnorning ostonasiga koʻmish kerakligini uqtirdi. Keyin, bir parcha xamirni odam boshi kabi yumaloq qilib, qirq igna bilan haligi xamirni muttasil sanchib turish kerakligini va buning orqasida Gulnor qattiq bosh ogʻrigʻiga mubtalo boʻlib, tez kunda oʻlishini tushuntirdi. Folbin jinlarining kuchiga Nurining eʼtiqodi ming marta oshganidan, oʻn soʻm pul chiqarib berdi va folbin aytganlarini tezroq bajarish uchun uyga yugurdi.

Oʻn birinchi bob

I

Yormat xoʻjayinning sigir-buzoqlariga tert qorish bilan mashgʻul boʻlgan xotinining oldida toʻxtadi. Uning yuzida muloyim tabassum, butun siymosida, qandaydir bir sabrsizlik sezilar edi. U Gulnorning qaerdaligini soʻradi. Yumush qilish uchun hozirgina xoʻjayinnikiga chiqqanligini eshitib, peshanasini burishtirdi va:
— Ayt, endi u yerga chiqmay tursin!— dedi. Gulsumbibi hayron boʻlib, koʻzlari bilan savol qildi: nimaga? Yormat xotinini ayvonga boshlab keldi.
— Oʻtir,— jiddiy buyurdi Gulsumbibiga, soʻng oʻzi ham oʻtirib gapira boshladi.— Man hozir ellik boshinikidan keldim. Qiziq narsalar eshitdim, xotin. Eshitganmisan, bizning ellik boshimiz qanaqa odam? Butun mahallaning otasi. Yetti yashardan yetmish yashargacha unga salom beradi, qoʻl qovushtiradi. Obroʻsi baland, soʻzda yagona odam. Zakun biladi.

Gulsumbibida bardosh qolmadi, eridan koʻz uzmasdan soʻradi:
— Nimaga chaqiripti sizni, yaxshilikmi?
— Yaxshilik, manga qolsa, tushga kirmagan yaxshilik. Hammasini gapiraman. Ammo «gʻing» demaysan, naq ayvondan uloqtiraman!— Yormat oʻqraydi.
— Zardangiz qursin, har vaqt doʻq bilan gapirasie!
— Xotin kishida tovuqcha aql boʻlmaydi, zarda qilmasdan iloji yoʻq,— qovogʻini solib, soʻzini davom ettirdi Yormat.— Ellik boshi mani chaqirib oldi. Fozil odam bilan suhbatlashsang rohat qilasan-da. U kishining soʻzlari kitobda ham yoʻq, shunday ma’noli... Ana soʻzga ustaligu. Gaplashdik. Dasturxon joyida, qand-qurs, meva-cheva sanogʻi yoʻq... Soʻzlashdik, xotin, u kishi soʻzni aylantirib, sizdek baxtli ota jahonda, yoʻq dedi. Hayron boʻlaman. Ogʻzim qiyshayadi, koʻzim javdiraydi, dono odamga sadaqa boʻlsang arziydi, u kishi juda muloyimlik bilan ravshan qildi: xoʻjayin u kishini oʻz yoniga chaqiripti, mani maqtapti, xulosa, Yormat bir qizini mandan ayamasin, depti boy otam...
— Kimga depti xoʻjayin?—hayron boʻlib soʻradi Gulsumbibi.
— Hoʻkizning qulogʻiga tanbur chertdimmi, nodon xotin!— qizarib ketdi Yormat.— Kimga boʻlar edi, boy otam oʻziga soʻrayapti.

Gulsumbibi irgʻib tushdi-da, ikki qoʻli bilan ikki tizzasiga shart-shart urib, bobillab gapira ketdi:
— Boy qursin, uyat-andishani bilmaydimi? Qarib miyasi aynagandir. Voy, uch kun ilgari evara koʻrdi-ya! Imonsiz ketkur...
— Jim!—mushtini koʻtardi Yormat.— Tovushingni oʻchir, xudo hammaga aql ulashganda san qay goʻrda eding!
— Siz nima javob berdingiz?— dedi butun a’zosini titroq bosgan Gulsumbibi qichqirib.— Yetmish yashar cholga yolgʻiz qizimni bermoqchi boʻldingizmi? Ota boʻlmay keting, bema’ni!..
— Soʻzga quloq sol, shallaqi makiyon!—Yormat koʻzlarini nayzaday qadadi.— Yetmishda emas, oltmish beshda. Qarimi? Qari boʻlsa ham mandan, sandan tetik hali. Qargʻama, quloq sol. Mirzakarimboy xudo yarlaqagan banda. Shuncha mol, mulk, shuncha obroʻ. Qizim Gulnor shunday ulugʻ dargohga tushsa, yomonmi? Keksaligini oʻylaysan-ku, bu tomonlarini nazar-pisand qilmaysan?!
— Yoʻq desangiz boy tilingizni kesarmidi?— boʻgʻilib dedi Gulsumbibi.
— Tilimni kesmaydi, bundan battarroq qiladi. Oramizga sovuqlik tushadi, mana bu yomon narsa. Keyin man koʻrpa-yostigʻimni koʻtarib, qay eshikka boraman? Koʻrpa-yostigʻini orqalab xor-zor yurgan odamlarning sanogʻi yoʻq. San zamonni tushunasanmi, oʻylab qara, agar shu xom qovoqda miyang boʻlsa, yigʻlama, kasofat; yigʻi bilan boshlangan toʻyning oqibati yomon boʻladi. Quvonib-quvonib tayyorlik koʻraver!
— Nimaga yigʻlamay, koshki koʻzim oqib tushsa, hech nimani koʻrmasam...— koʻz yoshlarini quyib soʻzladi Gulsumbibi.— Davlati qursin, boyning oʻgʻillari, kelinlari, qizlari Gulnorni chiqishtirmaydilar, ularning fe’li, odati manga ma’lum-ku. Uch-toʻrt kundan buyon ularning avzoyi buzuq edi, betlaridan zahar tomar edi. Sababini endi tushundim. Mana hozirdan boshlab koʻrsatgan qiliqlari! Siz hali chuchvarani xom sanabsiz.— Gulsumbibi koʻz yoshlarini etak uchi bilan artib, soʻzida davom etdi:— Toʻgʻri, ular boy, juda boy. Ammo ular Gulnorga tinchlik bermaydi. Boyning uyi saroy boʻlsin, baribir Gulnorga zindon boʻladi. Qizingizga munosib bir yigit topilmasmidi? Topiladi. Mana Yoʻlchivoy. Togʻni ursa talqon qiladigan yigit. Qizimni och-yalangʻoch qoʻymasdi. Gulnorning koʻngli ham moyil edi. Yashirib nima qilay sizdan....

Yormat sapchib oʻrnidan turdi, toqatsizlanib u yoqqa-bu yoqqa yurdi, yoqasini ushlab «tavba» deb, yana xotiniga oʻdagʻayladi:
— Akillama! Yoʻlchi kim? Manga oʻxshash bir malay-da. Xizmatkorning yorugʻliqqa chiqqanini man xali koʻrgan emasman. Ahmoq! «Moʻh, moʻh» desa, qoʻy ham tushunadi. Ammo sanga soʻz uqtirib boʻlmaydi. Yigʻi-sigʻini yigʻishtir, agar joning shirin boʻlsa...— Yormat eshikka tomon bir necha qadam tashlab, soʻng yana qaytib keldi-da, yumshoqroq soʻzladi,— qoʻshnilarga chiqib aljirama. Olimxon akaning oldida soʻz berdim. Ota rizosi — fotiha bilan baravar. Gulnor chiqsa, ayt, tushuntir, nasihat qil. Bu ishlar sandan lozim. Qizim aqlli, bekorga toʻpolon qilmas. Durustmi?

Gulsumbibi yolgʻiz qolarkan, oʻzining «tosh peshanasidan», baxti qaroligidan shikoyatlanib, dam erini, dam boyni qargʻab, dam xudoga yolvorib oʻtirardi. Yana nima qilishi mumkin bechora ona! Hammadan koʻra yuragini chuqurroq ezgan, butun vujudiga zahar kabi tarqalgan narsa — Gulnor bilan uchrashuv, unga oʻz otasi keltirgan bu shum xabarni bildirish edi. U Gulnor kabi sevikli qizini, koʻz nurini olovga otib, yana uning baxt va saodati toʻgʻrisida nasihat qilishi kerak!

Kechga yaqin Gulnor chiqdi. U ancha horgʻin va xafa koʻrindi. Gulsumbibi qizi dam olgandan keyin, kechasi yoki ertaga astagina bildirmoqchi boʻldi. Ammo qizining oʻzi ona yuragini ochishga majbur qildi. U paranjisini qoʻymasdanoq hayrat bilan soʻradi:
— Nima boʻldi, oyi, dadam bilan urishdingizmi, koʻp yigʻlabsiz?
— Dadang qurgʻur xafa qildi meni,— Oʻzini tetiklikka solib dedi ona,— qani, paranjingni qoʻy, yonimga oʻtir. Hamon dardimni ocha qolay...

Gulnor paranjini qoziqqa ilib, onasining yon bagʻriga oʻtirdi va koʻzlarini tikdi.
— Bolam, bundan keyin xoʻjayinnikiga chiqma. Dadang buyurdi.
— Shumi? Koshkiydi oʻsha hovlini koʻrmasam. Iloji bormi? Yumushlari koʻp, oʻzlari chaqirishadi.— Bir oz toʻxtab davom etdi Gulnor.— Oyi, siz sezasizmi, boynikida orqamdan kulishadi, gapirishadi, piching, kesatiq-mesatiq... Man yaqinlashsam, jim boʻlishadi. Nuri opa ilonday chaqqisi keladi. Hartugul bu kun uyiga yoʻqoldi, uh... juda jahlim chiqdi, oyi. Ha, nimaga chiqartirmaydi dadam?

Gulsumbibi bu savolga javob berishdan avval, kambagʻalchilikdan, erining ahvolidan shikoyat qildi, yolgʻiz qizi Gulnor orqasida tirikchilikning yaxshilanishiga umid qilganini soʻzladi.
— Xayolingiz qaerda, nima soʻzlayapsiz oyi? Tuzukkina gapiring!—dedi Gulnor taajjublanib.
— Bolam, shu mushtipar, shu baxtsiz onangning yarasiga tuz sepmasang, yurak-bagʻrini qon qilmasang, dadang keltirgan xabarni aytaman.

Ona chuqur mehribonlik ifoda qilgan yoshli koʻzlari bilan qizga qaradi.
— Oyi, soʻzlang, tezroq, nima, tinchlikmi, nimaga titraysiz?—Gulnor koʻzlarini javdiratib onasnga yaqinlashdi.

Onada bardosh qolmadi. Hoʻng-hoʻng yigʻlab, Yormat keltirgan mudhish xabarni sevikli qiziga bildirdi. Gulnor hushsizlangan kabi, boshini onaning tizzasiga otdi. Ancha vaqt «qimir» etmay yotdi. Soʻng, boshini koʻtarmasdan, yigʻi aralash qichqirdi:
— Oyijon, xudodan oʻlimimni tilang, tezroq tilang!— yana jim boʻldi...

II

Oʻgʻli Tohirjon sil kasalidan oʻlgandan keyii Shokir otaning beli yana koʻproq bukilgan, koʻzlari yigʻi bilan yapa koʻproq kuchsizlangan edi. Yetim nabiralarini ogʻir, chidamli mehnat bilan ham boqolmagan bu jafokash chol, oʻzi uchun bir eski uyni va doʻkonxonasini olib qolib, hovlisining qolgan qismini sotishga majbur boʻlgan edi. Bu narsa ham uning yuragini jizillatib qoʻyar edi. Bu gʻamlar yetmaganday, uning yagona koʻmakchisi boʻlgan shogirdini yaqinda boshqa bir usta aynatib olib, bechora cholning qoʻlini kesdi. Ammo Shokir ota avvalgi bardosh, avvalgi gʻayrat bilan ishlab turdi.

Har kun tong qorongʻisida ishga tushib, to peshin namoziga qadar hech qayoqqa qoʻzgʻalmaydigan «bachkanadoʻz» bu kun qiyom boʻlmasdanoq doʻkonxonadan chiqdi. U erib bilch-bilch loyga aralashgan iflos qor va balchiq suv bilan tizzaga qadar toʻlgan koʻchaning bir chetidan yurib, devorlarga tiralib, katta hassasini avaylab qoʻya-qoʻya, har qadamda «yopirim!» deb bazoʻr guzarga chiqdi. Qoratoyning doʻkonxonasiga.yaqinlashgach, chollarga maxsus bir tikilish bilan qaradi. Chet odam yoʻqligini fahmlab, temirchiga keldi, supachaga oʻtirib nafasini rostladi.
— Buqalamun falakning gardishiga boq, chirogʻim!—dedi Shokir ota.— Kishining qoʻli uzun ekan — yulduzni uzib oladi, qoʻli qisqa choʻntagidagini ham ololmaydi... Dunyo yalinib kelgan vaqtda shoh Mashrab uning orqasiga tepgan ekanlar, ajab qilganlar; dunyo oʻzi bevafo, orqasiga tepsang arziydi...
— Tagʻin nima boʻldi, qariya?—har narsani loʻnda qilib gapirishni sevgan Qoratoy chidamsizlik bilan soʻradi va javob kutmasdan yana soʻzlab ketdi.— Keliningiz bolalarini sizga tashlab, erga tegipti. Eshitdim, lekin nima chora qilasiz? Shu kunda hammaning boshi shishgan. Oqpodshoh hammani qiradiganga oʻxshaydi. Urushi qursin! Ochlik, qimmatchilik...

Shokir ota oʻtirgan joyida hassasini yerga «doʻq» etib urdi, temirchining soʻzidan noroziligini bildirib dedi:
— Man bogʻdan gapirsam, san togʻdan kelasan. Navqiron Toxirjon yer bagʻrida yotganda, man kelinni oʻylaymanmi? Urush deysan, taxtda oʻtirgan Nekalay sani, mani qaygʻumizni yeydimi?— Shokir ota umidsizlanib qoʻlini silkidi.— Hoy, piring hazrati Dovud haqiga bir nafas shu taqir-tuqurni bas qil!
— Oʻrgilay nozingizdan!— Qoratoy jilmayib, ishdan toʻxtadi va cholga tikildi.
— Mirzakarimboy uylanarmish, xabaring bormi, gʻofil banda!— dedi chol sekingina.
— Menga nima?— dedi baqrayib temirchi.
— Shoshma axir, «berdi»siny aytay. Kimga degin, Yormatning qiziga!— Shokir ota, zikr tushganday, boshini tebratdi. Qoratoy labini tishlaganicha, yerga qarab oʻylab qoldi.
— Yoʻlchiga achinaman, — dedi chol,— oshiqlik yoʻliga kirganini bilar edim. San-chi?

Qoratoy boshi bilan «ha» dedi. Keyin boyni soʻka-soʻka soʻradi choldan:
— Rostmi, kim aytdi?
— Bilasan-ku, qampirim ba’zi vaqtda kinnachilik qiladi. Nima qilay, kambagʻalchilik-da... Kecha boyning nabirasiga kinna solgani chiqqan ekan, oʻsha yerda eshitib qolipti. Boylarning tili moshinachining qaychisiday oʻtkir boʻladi; Yormat rozi boʻlipti. Mana hash-pash deguncha nikohi ham boʻlib qolar. Yoʻlchi qachon kelar ekan? Kelganda ham nima qiladi, boʻz bola, kambagʻal.
— Ha, noinsof, ha, koʻppak!— Qoratoy boyni soʻka boshladi.— Iflos qargʻa! Gul gʻunchasini orzu qilganga dogʻman! Hammasi pul-da. Mast boʻlgan, sharmi hayoni, odamgarchilikni unutgan!.. Hali kekkayib bozordan qaytadi. Bolgʻa bilan bitta urib, abjaq qilsang, tomosha qilsang...
— Katta savob boʻlar edi-ya, ilojing yoʻq!— Shokir ota hassasiga suyanib, oʻrnidan turdi va taraddudlanib soʻzladi:
— Yoʻlchi qishloqdan kelib qolsa, yoʻl-yoʻriq koʻrsatamizmi, bilmadim. San bir oʻylab koʻr-chi.
— Koshkiydi Yoʻlchi shu yerda boʻlsa, u kelguncha ishni bitirib qoʻyadilar!— dedi-da, Qoratoy ogʻir «uh» tortdi.
— Uyla, Qoratoy, ishqilib Yoʻlchi bolamga tayanch boʻl, yolgʻizlatma, yigitning koʻngli buzilmasin, boshi bukilmasin!

Shokir ota bir nafas koʻziga yosh oldi va «uh» tortdi.— Ey bema’ni dunyo! Qoratoy, bir tanga pul topiladimi sanda? Nosvoy yoʻq, ertadan beri xumoriman.

Qoratoy boshi bilan «yoʻq» dedi. Lekin, oʻz otasi kabi sevgan shu gʻarib cholga bir tanga topib berishdan ojiz boʻlgani oʻchun qattiq xafa boʻlib, nosqovogʻidagi nosni bir qogʻozga tezgina agʻdarib, cholga tutdi. Chol bunga ham xursand boʻlib, duo qyldi. Soʻng, bukik qaddini hassasiga tashlab, sekin-sekin joʻnadi.

Qoratoyning yuragidagi gʻazab toʻlqiin, Yoʻlchi va qiz taqdiri toʻgʻrisidagi tashvish ishlashga imkon bermadi. U ishlarini chala qoldirib, doʻkonxona yuziga chiy tutdi...

III

Gulnor uch kunni jahannam azobida oʻtkazdi. Onasidan mash'um xabarni eshitgandan boshlab, tinmay yigʻladi, qaynoq koʻz yoshlari bilan yuz-koʻzlarini yuvib, qaygʻu alangasida tutaqib yondi, suyaklariga qadar zirqirab ogʻriydi. Mirzakarimboyga xotin boʻlish uning xayoliga bir lahza kelgan boʻlsa edi, bu fikr, chaqnoq yulduzni silab oʻtgan bir parcha bulut kabi uning koʻzlariga bir oz koʻlka tashlagan boʻlsa edi, bu holning butun dahshatiga qaramay, Gulnor balki bunchalik oʻrtanmagan, bunchalik vahimaga, sarosimaga tushmagan boʻlar edi... Qiz oʻz qalbini Yoʻlchiga bagʻishlagan edi. Agarda butun vujudiyatini, butun «men»ligini u yigitning ishqi toʻldirmagan boʻlsa edi, kambagʻal qizlarning boshidan, ayniqsa ularning goʻzallari boshidan, koʻp vaqt chamanlarni barbod qilib kechgan doʻl boʻroni kabi, bu dahshatni, ofatni, u ehtimol, bir taqdir, bir zaruriyat, oʻlim kabi daf etilmas hodisa deb tushunar, balki, kamtarinlik bilan boʻynini bukkan boʻlar edi.

Gulnor nima qilsin? U yaralarini kimga ochsin? Ostonadan hatlab chiqishga haddi yoʻq. Uyda hamma narsa unga yot, hamma narsa kar, otasi begona, hatto onasi ham begona kabi.

Yormat qoʻlini belbogʻiga qistirib, qandaydir bedana yurish bilan yurib qoldi. U kuyov — xoʻjayinning yumushlarini bajarib, uyga qaytganda xotiniga shivir-shivir bilan, yo imo bilan gapiradi. U soʻzlarkan, yuzlariga goh doʻq, goh gʻazab, goh yalinchoqlik yoyiladi. Uning qoʻllarida butun umrida ushlamagan qogʻoz pullar shildirab qoʻyadi ba’zan. Shunday qilib, ota qizning koʻz yoshlariga tamom beparvo. U buni «uzatiladigan qizlarning shayton yigʻisi», deb tushunadi. Ona-chi? Birinchi kun qiz bilan birga yigʻlashdi. Lekin u taqdir temirini sindirishdan ojiz ekanini tez angladi. Erining ra’yiga qarshi borishdan foyda yoʻqligini bildi va koʻnikdi. Uning yuragi hozir ham iztirobda, lekin u endi sevikli qizining koʻz yoshlarinn tindirish uchun, faqat nasihat qiladi, yupatadi, otin oyi, eshon oyilardan eshitgan «kitob» soʻzlarini gapiradi. «Bu dunyoda alamzada, dardkash boʻlgan xotinlarni tongla qiyomatda Bibi Fotimaning oʻzlari jannatga boshlar ekanlar»...

Gulnor Yoʻlchining xayoliy iziga koʻz tikdi. Uni chuqur sogʻinch, intizorlik va sabrsizlik bilan kutadi. Lekin u yoʻq. Ketganiga bir haftadan oshdi. Agar u kelgan boʻlsa, oʻzini bildirgan boʻlar edi. Lekin ba’zan vahima bosadi: «Balki qaytgandir, qaydan bilaman? U ham, men kabi bechora, bir burchakda gʻam chekib yotgandir... Yoʻlchi! U bilan bir zum uchrashsa, uning koʻkragiga bosh qoʻyib, mard yuragini tinglasa, uning ra’yini bilib, bu qopqondan kutulish uchun astoydil urinsa!.. Faqat, Yoʻlchi qani? Uning daragini qanday surishtiradi? Unda Yoʻlchi nomini yodlash mumkin emas, dadasiga emas, hatto onasiga ham u endi Yoʻlchi toʻgʻrisida bir soʻz ayta olmaydi. Chunki Gulnor, onaning nazarida ham, endi «kishining moli», Yoʻlchi — «birov»...

Gulnor oshxonada oʻtirarkan, onasining oʻz-oʻziga qilgan shikoyatini eshitib quloq soldi: «Shoʻrim qursin, kampir xotinni uzatganday, toʻrtta-beshta xotin bilan birga malikaday qizimni olib chiqarmishman, eshigimga karnay-surnay bilan, bir toʻda yigit bilan kuyovim kelsa, ustidan sochqi sochilsa, kuyovimning boshiga jigʻa taqsam, degan orzularim bor edi... Domla imom bilan soʻfi kelib, nikoh oʻqirmish, man oʻlgur qizimni yetaklab, «yor-yor» yoʻq, shovqan-suron yoʻq, suv quyganday, jimgina chiqarmishman shoʻppayib...»

Gulnorning yuragi zir titradi. U nikohning yaqin kunlarda boʻlishini angladi, demak erkaklar hamma narsa toʻgʻrisida oʻylab, bir fikrga kelishgan, dadasi kelib unga soʻzlagan!

Bir tutam qish kuni Gulnor uchun bitmas-tuganmas uzoq koʻrindi. Yalangʻoch daraxtlarning uchlarida ufqqa botgan quyoshning nurlari titraydi. Atrofdagi hovlilardan koʻtarilgan tutunlar koʻkimtir, mayin mavj bilan tiniq, sovuq havoda suzadi...

Gulnor oʻchoq boshida dekchani qaynatib, xomush oʻtirgan onaning yonida choʻqqaydi, unga tikildi, butun vujudidagi dardini ifoda qilgan bir harakat bilan onaga suquldi.
— Oyi, dadamga yalining, shoshmasin,— yolvorib gapirdi Gulnor,— yolgʻiz qizining orzusiga ham quloq solsin. Yoʻqchilik ichida siz bilan yana bir oz yashay. Shu turmushimizdan, shu dekchamizdan koʻnglim sira uzilmaydi. Ilgari yomon koʻrar edim. Endi-chi? Endi shu choldevor hovlimiz, shu tirikchilik koʻzimga har qanday boylarning sersavlat uylaridan yaxshi koʻrinadi.
— Koshkiydi, qizim, dadang soʻzimga quloq soladigan erkak boʻlsa... Har kirganda, bir nima topib keladi: ellik boshi unday dedi, ellik boshi bunday qil dedi. Uh, oʻlib boʻldim.— Gulsumbibi soʻzdan toʻxtadi, qiziga qarab xoʻrsinib, uning boshini siladi.— Oynaga qaradingmi? Uch kun ichida uch yilgi kasalday boʻlib qolibsan. Kuyma deyman-ku. Bu savdo yolgʻiz saning boshingda emas. Birov yoshga tegadi, birov... boshqaga. Xudo yulduzingni oʻshanga toʻgʻrilagan ekan, choramiz yoʻq...
— Yulduzim qursin, oyi, chaqnamasdan oʻchdi, boshimga balo boʻlib tushdi. Mayli, oyi, siz mani besh-oʻn kun bagʻringizdan ayirmang. Orzum shu...— dedi Gulnor.

Shu yerda ona-bola uzoq yigʻlashdi. Oʻchoqdagi oʻtni sekin-sekin kul bosdi.

II- qism