OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oybek. Qutlugʻ qon (III- qism)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOybek
Asar nomiQutlugʻ qon (III- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Oybek
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
NashriyotҒафур Ғулом номидаги Бадиий Адабиёт Нашриёти (Тошкент, 1969)
Hajm284KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/21
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Ойбек: Асарлар (ўн томлик) - Учинчи том
Редколлегия: Сарвар Азимов, Абдулла Қаҳҳор, Иззат Султон, Миртемир, Зулфия, Ҳомил Еқубов, Лазиз Қаюмов, Матёқуб Қуплжонов, Қучқор Хоназаров, Холида Сулаймонова.



iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qutlugʻ qon (III- qism)
Oybek

Oʻn ikkinchi bob

I

Vaqt xuftonga yaqin edi. Yoʻlchining taqachi oshnasi Qoratoy och qornini bemaza moshxoʻrdaga toʻldirib, toʻqqiz yogʻochli sovuq uyda, tanchada, koʻzlarini xira chiroqqa tikib xomush oʻtirar edi. Uning oyoq yalang, yarim yalangʻoch shoʻx bolalari bir-birini ot qilib minib, kishnatib, eski namatlarning changini burqitib, har kungi kabi, shovqin-suron bilan oʻynashar edi.

Qizgʻin tabiatli temirchining yuragi shu kunlarda har soat yangi bir oʻy, mulohaza bilan hovliqar, ishida ham biron tartib qolmagan edi. U boyning uyida kechgan voqealardan xabardor boʻlib turishi uchun, Shokir otaning kampirini tayinlagan. Pishiq, soʻzamol kampir har xil bahona topib, kunda bir-ikki marta boynikiga kirar, kelinlarni oʻsmoqchilab gapga solar, eshitganlarini eriga soʻzlar, chol esa darrov Qoratoyga yetkazar edi. Shunday boʻlsa-da, nikohning qachon boʻlishini aniqlay olmagan edi. Ammo buning singari toʻy-nikohlarning «eng ichida», birov bilib, birov bilmaydigan bir yoʻsinda boʻlishiga ishongani uchun, tashvishi zoʻrayar, hovliqar edi. Mabodo tez orada nikoh boʻlishini eshitsa, oʻz xotini orqali qizning ra’yini bilib, uni Yoʻlchi qishlogʻiga, yo boshqa tomonga olib qochish yoʻllarini ham oʻylab qoʻygan. Ammo, Yoʻlchining qandaydir bir temirchi oʻrtogʻining soʻziga (garchi bu soʻz qancha samimiy va toʻgʻri boʻlmasin) qizning ishonch hosil qilishiga shubhalanganidan, u tadbirdan voz kecharak, ertaga qishloqqa joʻnab, oʻz doʻstini ildam olib kelishni mulohaza qilar ekan, hovlidan kirgan xotini:
— Eshik taqilladi, chiqing,— dedi.

U Yoʻlchini boshlab kirdi. Yigitni hovlida qoldirib, xotiniga ayvonda oʻltirishga buyurdi, bolalarini tinchlatib, keyin Yoʻlchini chaqirdi. Yoʻlchi tanchaning ikki tomonidan koʻzlarini javdiratib qaragan goʻdaklar qatoriga oʻtirdi. Uning gavdasiga, yelkalariga, jasur boqishlariga bolalar hayrat va qiziqish bilan uzoq tikilar, besh yashar Turgʻunboy shirin goʻdak tilida:
— Siz zoʻrmi, dadam zoʻrmi? —dedi-da, uyalib boshini tancha koʻrpasiga yashirdi.
— Dadang zoʻr, jiyan,— Yoʻlchi kula-kula bolaning yelkasiga qoqdi.

Qoratoy qishloq ahvoli, Yoʻlchining ukalari va hokazi toʻgʻrisida soʻzlashib, tanchadan choy oldi, dasturxon yozib, arpa unidan yasalgan toshday qattiq ikkita non qoʻydi. U Yoʻlchining hozirgina qishloqdan qaytib, singlisini hoʻjayinnikiga qoʻyib, bu yerga hangamalashish uchun kelganini bilgach, yigitning koʻnglini parishon qilishga botinmay, ancha vaqtgacha qiynaldi. Lekin, voqeani aytmaslikning iloji yoʻq edi. «Oʻziga tashlab qoʻysam, bu ishdan balki mutlaqo xabarsiz qolar, ertaga dalagami, yo boshqa ishgami joʻnatilar. Bunday boʻlmagan taqdirda, baribir, bu kun boʻlmasa erta bildirishga toʻgʻri keladi-ku», deb oʻyladi temirchi.

U katta oʻgʻlini imo bilan onasining yoniga, ayvonga chiqardi. Kichiklari esa tancha atrofida birin-sirin choʻzilishib uxlab qolishdi. Faqat, bittasigina qora koʻzlariga kirgan uyquni kipriklari bilan quvmoqda edi.
— Uka,— Yoʻlchiga qarab dedi temirchi,— seni kuta-kuta esim ketdi. Ertaga qishlogʻingga joʻnamoqchi edim. Yaxshiki oʻzing yetib kelding...
— Oʻn kun ichida shuncha sogʻindingizmi, yo boshqa bir...
— Sogʻindim,— Yoʻlchining soʻzini kesdi Qoratoy, soʻng mushtini kursiga tirab gapirdi,— keyin, oz-moz chatoqlik chiqdi. Senga tegishli, ammo... sen temirday chidamli yigitsan, bu chatoqlikka bardosh berasan-da. Boshida chaqilgan chaqmoqqa bardosh beradigan yigitni rosa yigit deyman.
— Koʻramiz, qanday chatoqlik ekan,— jiddiylik bilan javob berdi Yoʻlchi.

Qoratoy bir oz oʻylanib, boshi qizigan kabi, doʻppisini kursiga olib qoʻydi va unga zoʻr diqqat bilan tikilgan yigitga soʻzlab ketdi.
— San, oti nima, Gulnorni sevasan, a? U ham sani sevadi. Shundaymi? Misoli Tohir-Zuhro... Qarabsanki, qizil bilan oq gul oʻrtasidan chaqirtikanak oʻsib chiqyapti. Tushunib olaver oʻzing!..— Temirchi gʻamgin holda boshini quyi tushirdi, bir nafasdan soʻng koʻz uchi bilan yigitga qaradi. Yoʻlchi avvalgi vaziyatda boʻlsa ham, qoʻlidagi piyola dir-dir titrar edi.
— Dadil boʻl!— birdan qichqirdi Qoratoy.
— Aniqmi?—Yoʻlchining ovoei, qandaydir, gʻayritabiiy boʻgʻiq chiqdi.
— Aniq.

Yoʻlchi peshanasini qoʻli bilan qisib, yerga qaragancha, sekin soʻradi:
— Kim ekan u? Tushuntiring.
— Boy togʻang uylanmoqchi!—Qoratoy oʻzini tutolmadi, boyni soʻkib ogʻzidan bodi kirib, shodi chiqa boshdadi.

Yoʻlchi egildi, koʻzlarida allaqanday gʻazab chaqnadi, yuzining goʻshtlari tirishdi. Ikki qoshi oʻrtasidan bosh tomonga tik ketgan tomir oʻrta barmoq yoʻgʻonligida boʻrtib chiqdi.
— Zulm, xoʻrlanish, haqorat shunchalik boʻlar, Qoratoy aka! Bundan ortigʻini kallam sigʻdirmaydi,— Gʻazabdan titrab gapirdi Yoʻlchi,— Gulnorni sevishimni bilardi-ya, pes chol...
— Bilarmidi?—Yoʻlchining soʻzini kesdi hayratlanib Qoratoy.
— Bilar edi,— dedi Yoʻlchi,— bu yoz paxtani koʻrish uchun xoʻjayin chiqib bordi. Dalani aylantirdim. Koʻradi-ki, hosil juda moʻl. Har tupda koʻsaklar marjonday... Juda xursand boʻldi. Yelkamni qoqdi: Yormat ham mani maqtadi, Keyin xizmatkorlar, mardikorlar bilan birga oʻtirib choy ichdi. Qiziq gaplar bilan hammani kuldirdi. Tulkiday quv emasmi? Hushi kelganda, xizmatkorlar bilan askiya ham qilib qoʻyadi u. Menga hazillashdi: «Yoʻlchi, dedi, atrofingda qozoqlar koʻpaydi, qizlardan birini tanla, oʻlanini eshitib ishlayverasan» dedi. Men dedim: «Oʻz sevganim bor ekan, atrofga koʻz olaytiramanmi?..» Koʻzim bilan darrov Yormatni ishorat qildim. Boy tez fahmladi-da, «shundaymi, jiyan» deb kuldi. Mana bu bir. Kuz paytida kechqurun Gulnor bilan bogʻning bir chekkasida soʻzlashib oʻtirganimni ham koʻrib qolgandi. Biladi u it. Tavba, uning bu ahmoqchiligi tushimga ham kirmagan edi. Kallasini olmaday uchirsang...
— U juda insofsiz boy,— dedi temirchi,— ammo, surishtirsang, hamma boy bir tekisda insofsiz. Toʻgʻri odam boy boʻlmaydi shekilli, man oʻzim shu fikrdaman.
— Dunyosi bor, bular odam! Aslida hammasi bir chaqaga arzimaydi!— dedi-da, Yoʻlchi jahl bilan oʻrnidan turdi.
— Shoshma,— Yoʻlchining qoʻlidan ushladi Qoratoy,— endi nima qilasan? Harakatingni qil, man san bilan...
— Albatta,— mushtini siqib dedi Yoʻlchi,— Gulorning koʻnglidan shubham yoʻq. Lekin, kim biladi, ota-ona siqigʻi ostida balki koʻnikkandir.
— Nima qilasan, ayt!— sabrsizlandi Qoratoy.
— Gulnor nima oʻylaydi, buni bilish kerak. Shunga qarab... lekin qanday gaplashaman, yo qanday qilib fikrini bilaman, jilla boʻlmasa!—ogʻir xoʻrsindi Yoʻlchi.
— Bu ma’qul...— Oʻylab, jiddiy ravishda gapirdi Qoratoy,— san bunday qil, hozir borib yot, charchagansan, vaqt ham alla-palla boʻlib qoldi. Ertaga singlingni Yormatnikiga kirgiz. Sani yaxshi koʻrgan qiz, singlingga ham yaxshi muomala qilsa kerak. Singling qiz dilini bilib chiqsnn. Xoʻp desa, til biriktirib, bir kechada ura qochasanlar! Agar qiz mujmal javob bersa, u vaqt qoʻlingni siltaysan-da, yuraverasan!

Yoʻlchi indamadi. Piyolada sovib qolgan choyni simirib, uydan chiqar ekan, peshanasini eshik tepasiga qattiq urib oldi.
— Hovliqma, zimdan ish yurgiz!—sekingina soʻzlab, hovlida qoldi Qoratoy.

Kechaning tim qorasida yulduzlar yorqin yonadi. Hamma yoq jimjit. Tun sovugʻi bilan qotgan loy oyoq ostida siniq shisha parchasi kabi, qirs-qirs ushaladi. Yoʻlchi qorongʻi kechada borar ekan, butun gʻaribligini, yuragidagi qaygʻu girdobining butun ogʻirligini yana chuqurroq tuydi. Goʻyo, hamma baxtsizlarning, hamma ezilganlar va tahqir etilganlarning chiroyli xayolga, orzuga yeta olmagan, yurak qoni, koʻz nurlari bilan undirgan chuqur muhabbatning gullarini uzolmagan hamma gʻarib, qashshoq yigitlarning muqaddas gʻazabi uning koʻksida toʻplangandek boʻldi. Yoʻlchini dahshatli bir kuch egalladi: insofga, adolatga, haqiqatga yot boʻlgan bu hayotni, zamonni, hamma narsani oyoqlari ostida ezsa, yiqitib yoqsa!

Vaqt-soat oʻn ikkiga yaqinlashgan. Boynikiga, xizmatkorxonaga borishni istamadi. Umuman Mirzakarimboy uyi Yoʻlchi uchun turmadan xunukroq koʻrindi. Uch qish qishlagan u xizmatkorxona, u chirik namat, chirik koʻrpa, u siniq choynak, u bemaza ovqat, u sovuq, u lax — chirik havo yolgʻizgina Gulnorning xayoli, unga erishuvning iliq umidi bilan bezalgani uchun, Yoʻlchiga shiringina sezilar edi... Endi-chi!

Yoʻlchi machitning jilovxonasidagi supachaga oʻzini tashladi. Boshini qoʻllari orasiga olib, Gulnor xayoli, ishq iztirobi bidan yonib oʻtirdi. Bir ozdan soʻng, yana birdan oʻrnidan turdi. Uning yuragi Gulnor uyiga intildi. Koʻz yoshli, uyqusiz ingragan qizni oʻz bagʻriga qamagan u uyni koʻrish, devorlarini oʻpishni istadi. Jilovxonadan chiqib, bir necha odim yurgach, qarshidan, qorongʻilik ichidan keskin, hayajonli tovush eshitildi:— «Kim?»

Yoʻlchi choʻchib uygʻongan kishi kabi, koʻzlarini katta ochdi.
— Man, Yoʻlchi,— yigit toʻxtadi.
— Qachon kelding? Bu qanday gap?— hayajon bilan soʻzladi Yormat va Yoʻlchiga jips toʻqnashib, shubhali tikildi.
— Shom vaqtida keldim,— dedi Yoʻlchi,— nega muncha hovliqasiz, nega muncha tashvish?..
— Yurishing bejo... Naq koʻrasan,— dagʻallik bilan boʻgʻilib gapirdi Yormat, soʻng «uh» tortib, koʻzlari qorongʻilikdan kimnidir qidirdi.
— Yormat aka, mandan nimani yashirasiz? Qiynamang kishini...— Yoʻlchi yalindi. Yormatning sovuq, qaltiroq qoʻllarini ushladi.
— Esimni yoʻqotdim. Xudoy urdi mani! Yoʻlchi, rost ayt, hech kim koʻrinmadimi? San oʻzing nima qilib yuribsan? Qoʻlimni qoʻy...

Yoʻlchining gumoni ortdi. Yormatni quchoqlab, hayajon bilan soʻradi:
— Nimaga dovdiraysiz? Ayting hozir!

Yormat taraddudlanib, soʻng yigʻi aralash pitirladi:
— Qizim yoʻq.
— Qachon? Nimaga?— Yoʻlchi seskanib, ikki qadam orqaga chekindi.
— Man Salimjonni... yoʻq, eh... Hakimboyvachchani vokzalga olib chiqdim. Fargʻonaga joʻnatdim. Bir soat burun uyga kelsam, hech kim yoʻq. Eshik lang ochiq. Hayron boʻldim. Bir ozdan keyin Gulsum opang chiqdi. U xoʻjayinnikida yumushda ekan. Qizing qani, dedim. «Uyda edi, qayoqqa boradi», dedi. U yoqni qaradik, bu yoqni qaradik — yoʻq. Shu qorongʻida qayoqqa boradi? Yoʻlchi, rost gapir, san... bilmaysan, a?
— Bu qanday boʻhton!— zarda bilan qichqirdi Yoʻlchi.
— Gʻazablanma, hazil gap emas. Yolgʻiz qizim-a. Qayoqqa yoʻqoladi!
— Bu qanday boʻhton,— Yoʻlchi machitning temir panjarasiga suyalib, goʻyo qotib qoldi. Yormat Yoʻlchining yeng uchidan tortib siltadi va uning qulogʻiga ogʻzini qoʻyib dedi
— Zinhor ogʻzingdan chiqarma, qattiq xafa boʻlaman.— Yoʻlchi tilsim kabi, gʻayri shuuriy ravishda boshini chayqadi va avvalgi vaziyatda qotdi...

Yormat qorongʻida yiqilib-surilib birpasda ellik boshining uyiga keldi. Mushtumi bilam darvozani qattiq va asabiy ravishda ura boshladi. Zarbdan ogʻriq suyaklariga oʻtguncha urdi. Hovli ichkariroq boʻlganidan, hamma uxlab qolganidan, darvozaning ogʻir gumburiga ichkaridan hech kim chiqmadi. Yormat sovuq loy va qatqaloqlarni qorongʻida qoʻllari bilan timirskilab, nihoyat, bir tosh topdi, bu bilan darvozani qattiq uraverdi. Bir necha minutdan soʻng, darvozaning tirqishlaridan shu'la siljidi. Yormat uh tortib, yeng uchi bilan peshana terini artdi. Ellik boshi uyquli tovush bilan «kim» deb qichqirib javob olgandan keyin, zanjirni «shaq» etib tushirdi, darvozaning bir tavaqasi qiya ochildi. Yormat yoʻlakka kirdi. Ellik boshi yelkasiga tashlab chiqqan uzun, vazmin poʻstinining ikki arayishini bir qoʻli bilan tutib, ikkinchi qoʻli bilan shishasiz, tutovchi kir lampani qiyshiq ushlagan holda, mudroq koʻzlariri Yormatga tikib sasidi.
— Bu nima shovqin? Yarim kechada...

Yormat uzr soʻragan kabi, loyli qoʻllarini qovishtirib birdan yigʻlab yubordi.
— Shoʻrim qaynadi. Olimxon aka, nimasini soʻraysiz. Qizim yoʻqoldi. Qayoqqa uchdi, bilmayman...
— A?— Olimxonning koʻzlari ochildi. — Gapir-chi, qanday qilib yoʻqoladi?..

Yormat hamma narsani, tartibsiz boʻlsa ham, lekin mufassal aytib berdi. Ellik boshi «him-him» deb koʻzlarini yerga qadab tingladi, keyin lampani Yormatga berib, poʻstinga yaxshiroq oʻraldi, barmoqlaridagi uzuklarini durust oʻrnashtirib, Yormatdan soʻradi:
— Qizing yigʻlardimi, norozimidi?
— Yigʻlardi. Hamma qizlar erga tegish oldida bir-bir yigʻlab oladi-ku. Bibi Fotimadan qolgan meros-ku.
— Har xil yigʻi boʻladi,— jahl bilan dedi ellik boshi. Yormat yoshli koʻzlarini miltiratib, oʻkinch bilan boshini tebratib turdi.
— Xoʻsh, kimdan shubhalanasan?—dedi ellik boshi. Yormat bu savolga qanday javob berishini bilmay, oʻylab qoldi.
— Qizingni yo birov olib qochgan, yo birov bilan til biriktirib oʻzi qochgan. Kimni moʻljallaysan?
— Juda qiyin,— dedi Yormat,— kim biladi... man dastlab Yoʻlchidan shubhalangan edim. Taniysizmi, xizmatkor yigit? U qishlogʻiga ketgandi, bu kun kelgan ekan. Lekin unga bir nima deyish ogʻir. Keyin uyalib qolman, deyman...
— Nimasi qiyin?— Oʻdagʻayladi ellik boshi,— bu ishni u bajarmaganini qanday bilasan? U yoʻq ekan, bugun kelipti, darrov shu voqea yuz beribdi. San unga hech nima dema, ammo yurish-turishiga razm sol!

Yormat loyli qoʻli bilan koʻz yoshini artdi, burun suvini «piq-piq» tortib gapirdi:
— Manga shunday koʻrindi. Balki, udir, kim biladi. Kishining dilini bilish oʻngʻay emas,— bir nafas toʻxtab ellik boshiga yalindi— Man gʻaribga yoʻl koʻrsating. Kimga arz qilay, qanday qidiray? Yolgʻiz qizim — koʻzim, koʻnglim hammasi u edi,— yana koʻz yoshlari soqollariga quyula boshladi.
— Dod-voyning keragi yoʻq,— dedi qat'iy ellik boshi,— bu sirni dilingga tug. Uch-toʻrt kun ichida daragi chiqib qoladi. Oʻlikmi-tirikmi, bilarmiz. Man ham qarab turmayman. Ammo, soʻz tarqalmasin, ayt, xotniing tilini qissin. Xoʻjayinlardan hech biriga sir bermay, ularga bir xil soʻzla: qizim oʻynab kelish uchun bir oʻrtogʻinikiga ketdi, vassalom. Uqdingmi? Kimda gumoning boʻlsa, uni koʻzdan qochirma, iziga tush! Joʻna, ertaga kelasan...

Qoʻrqinchli xayollar, vahimalar bilan toʻlgan Yormat qorongʻilikka shoʻngʻidi.

* * *

Gulnorning gʻoyib boʻlishi Yoʻlchiga yashin urgan kabi ta’sir koʻrsatdi. U hushsizlanganday, ancha vaqtgacha qo-tib qoldi. Lekin quloqlari ostida qattiq yangragan qorovul shaqildogʻi uni seskantirdi. U hazilkash qorovulning askiyalariga keskin qoʻlini siltab, sekingina joʻnadi.

Yormatning eshigi har vaktdagi kabi yopiq. Hovli ichidan ham hech qanday tovush eshitilmaydi. Bu narsa Yoʻlchi koʻnglini yana chuqurroq ezdi. Gap-soʻz boʻlishidan qoʻrqib dardini ichiga koʻmgan bu faqir oilaga achindi, uh tortdi. Gulnorning yodi, qaygʻusi bilan atrofda tentirash uchun ketdi. Qizning yoʻqolishini oʻylay-oʻylay, turli ehtimollardan ikkisi oʻrtasida qoldi: mendan darak boʻlmagach, yo men bilan uchrashuvga va bir umr topishuvga umidi uzilgach, Mirzakarimboyga tegishdan oʻlimni afzal bilgan. Suvgami, chuqurgami oʻzini tashlash, yo biron xoli joyda oʻzini boʻgʻishga qulay fursat topish uchun, oʻzini tun quchogʻiga otgan. Bu ehtimol uning butun borligʻini zaharlaydi, kecha ogʻushidan qoʻrqinchli xayollar, foje manzaralar chiqib, atrofini qurshaydi. Ikkinchi ehtimol: Gulnorni olib qochganlar. Jinoyatchi chirkin qoʻllar bor. Ular kim? Qaysi maqsad bilan bu jinoyatni bajaradilar? Buni bilmaydi, oʻylab-oʻylab tagiga yetmaidi. Ammo, bu ehtimol uning tomirlaridagi gʻazabli, kinli, zolim kuchki toʻlqinlatadi. U jinoyatchi qoʻllar chuqur tilsim ichida... Koshki biron alomatini koʻrsatsa, ular yuzlarcha qoʻl bulsin. Yoʻlchi ular bilan yolgʻiz kurashajak, boʻgʻishajak!..

Chuqur qaygʻu, hadsiz kin bilan Yoʻlchi bir necha mahallani aylanib chiqdi. Ba’zi bir kallakesar, muttaham yigitlarning joylaridan oʻtarkan, har narsaga razm soldi, har tovushga diqqat bilan quloq soldi.

Kechaning sovugʻi, izgʻirin kuchaydi. Badani sovuqdan muz kesildi. Charmi toshday eski etik ichida oyoqlari jonsizlandi. Lekin u bir zum qoʻnmasdan tentirayverdi. Bir burda sariq, sovuq oy xira nur tumani sepdi. Yoʻlchi sanqib yurib, anhor yoqasida toʻxtadi. Suv shuvillab, qandaydir sirli, vahimali koʻrinish bilan oqadi. Uning qoramtir oynasiga qirgʻoqdagi yupqa muz parchalarida oyning oltin nuri yiltiraydi. Suv yoqalab oʻsgan yalongʻoch daraxtlarning butoq-novdalarida sovuq shamol shivillaydi. Yoʻlchi suvning sovuq toʻlqinlariga uzoq tikildi. Boshida, toʻsatdan bir vahm, qoʻrqinchli bir fikr uygʻondi: «Uni oʻz uyidan kim olib qochadi, nega olib qochadi? Bu juda mushkul. Gulnor shu anhorga oʻzini otmaganmi?!» Anhor uzoq emas. Har kun deyarli oʻzi ot sugʻorishga kelgan bu anhor, hozir unga dahshatli boʻlib koʻrindi, goʻyo uning qalbini, umid va orzularini bu anhor yutgan.

Yoʻlchining koʻzlaridan qaynoq tomchilar yumalandi. U jinnilarcha oʻz-oʻzi bilan gaplashib, anhor yoqalab ancha vaqt tentiradi. Atrofidagi xoʻrozlarning, muazzinlarning qichqirishlari eshitilgan choqda, temirchinigg uyiga joʻnadi.

Tantiboyvachcha nonushtadan soʻng pochapoʻstinga oʻralib koʻchaga chiqdi, bozor tomonga qarab bir oz yurgach, bugun juma ekanini xotirladi. Salimboyvachchani uydan topish uchun qaynatasinikiga joʻnadi. Boyning mahallasiga kirarkan, qarshisidan Olimxon ellik boshi chiqdi. Ilgaridan tanish boʻlgani uchun salom-alik qilib koʻrishdi. Ellik boshi jilmayib, uning qulogʻiga shivirladi:
— Boyvachcha, andak musoida qiling, qulingiz boʻlay. Nozik gap bor,— Tantiboyvachchaning qoʻlidan ushlab, oʻz uyi tomon sudradi.

Tantiboyvachcha boloxonaga chiqishni istamadi. Olimxon darvozani yopdi, uzun yoʻlak qorongʻilandi.
— Olimxon aka, eshitaylik,— dedi Tantiboyvachcha. Ellik boshi boyvachchaning yelkasiga qoʻlini qoʻyib sekin gapirdi:
— Biz boy otangizga Yormatning qizini olib bermoqchi edik, xabaringiz bormi?— boyvachcha boshi bilan «ha» ishorasini qilgach, u davom etdi:—Hamma ish bitganda ikki-uch kun miyonasida, yeng ichida nikoh oʻqitmoqchiydik. Lekin kechasi qiz birdan gʻoyib boʻlipti. Bilmadim, koʻkka uchdimi, yer tagiga kirdimi! Bu voqeani boy otangiz bilsa, juda xafa boʻladilar-da!
— Yo Ollo, bu Qanday mashmasha! Oʻz uyida oʻtirgan qiz bir kechada gʻoyib boʻlsin, tavba! Juda xunuk ish, Olimxon aka.

Ellik boshi boyvachchadan koʻzini uzmasdan soʻzlab ketdi:
— Hozircha, inim Mirishoq, bu soʻz maxfiy qolsin. Ammo siz manga yordamlashing, qaerda boʻlmasin, qizni topishga bel bogʻlaylik. Sizning taxminingizcha, kalidi qaysi qoʻlda boʻladi?

Tantiboyvachcha olazarak boʻlib yelkasini qisdi va yerga qarab dedi:
— Biz avliyomizmi? Qaerda ekanini aytish juda mushkul, Bitta-yarimta xushtori boʻlsa, u bilan birga vaqt gʻanimatda biron shaharga qochib qoldimi. Hozirgi zamon qizlari — bari oʻzboshimcha. Qadimgi boadab qizlar qayoqda deysiz.
— Bir gumonim bor, uni yolgʻiz sizga aytaman,— dedi jiddiylik bilan ellik boshi.— Bilasizmi, Salimboyvachcha bu ishga qattiq norozi boʻlgan edi. Sababi ma’lum, ya’ni boy uning taklifini rad qildi. Shu xabarni boyvachchaga bildirgan vaqtimda u juda achchiqlandi, manga qarab: «Dadam shu qizga uylanmaydi, mana koʻrarsiz!» dedi. Shu narsani mulohaza qilib gumonim ortadi. Bilmadim, balki puch gumondir. Shaytonning vasvasasi-da....
— Salimboyvachchadan qilcha shubhalanmang,— qat'y ravishda dedi Tantiboyvachcha,— uning koʻngli oq. Toʻgʻri, boy otam mol-mulkini hujjatlab berishdan bosh tortgandan keyin, Salim gʻazablandi, bolalik qilib paqilladi. Man unga nasihat qildim. U darrov koʻnglidan gina-kuduratni olib tashladi. Boyvachchadan sira shubha qilmang, xafa boʻladi. Xoʻp, man ketdim. Olimxon aka, siz chora koʻravering, qarab turmang. Man ham yordamlashaman. Cholni oʻksitmaylik. Xunuk ish boʻlibdi. Xayr.

Tantiboyvachcha qoʻlini koʻksiga qoʻyib, eshikda qolgan ellik boshi bilan xoʻshlashib, ildam yurib ketdi.

U boyning hovlisiga kirib, toʻppa-toʻgʻri Salimning uyiga otildi. Uy ichida yolgʻiz Nuri oʻtirar edi. U pochchasining tagiga koʻrpacha solib oʻtqazdi va tancha yoniga choʻqqayib, akalaridan, dadasidan va hokazolardan shikoyatlandi. Tantiboyvachcha unga taskin berishga tirishdi, oʻz uyiga joʻnash kerakligini, bu yerda qolsa, oʻzini behuda xafa qilishini soʻzladi. Nuri pochchasining soʻzlariga e’tibor qilmaganday, oʻrnidan turdi, tokchadan yongʻoqday yumaloq bir narsa va bir talay igna olib, tik turgan holda, haligi yumaloq narsaga ignalarni sanchaverdi. Tantiboyvachcha uning harakatiga hayratlanib tikildi.
— U nima?
— Bumi?— zaharxanda qildi Nuri va «ishini» davom ettirib, tushuntirdi.— Bu Gulnorning boshi. Gulnorni miya ogʻriq bilan oʻldiraman! Joni ham, boshi ham metin ekan, shuncha sanchaman, Gulnorga balo urganini eshitganim yoʻq. Hali bir bolani chiqardim. Gulnor kasalmi, yo avvalgiday sogʻmi, bilib kel, dedim. Boyga tegishiga quvonganidan, allaqanday bir oʻrtogʻinikiga oʻynagani ketipti... Oʻrtogʻi kim boʻlardi, oʻziga oʻxshash bir choʻri-moʻridir-da!
— Oʻynagani gʻanimat! Durust,— Tantiboyvachcha labida kulgisini bazoʻr yashirib dedi: — Nuri, bunday irimlardan nima foyda chiqadi? Ham eshitgan quloqqa yaxshi emas. Salim qayda, chaqiring.

Nuri oʻz sehrini choʻntakka solib, kimnidnr qargʻab, eshikka chiqar ekan, Salimboyvachchaning oʻzi kirib keldi. Pochchasini koʻrish bilan singlisini joʻnatdi, eshikni mahkam yopib, deraza orqali hovliga koʻz tashlab, soʻng oʻtirdi. Uning qovogʻi soliq va harakatlarida notinchlik sezilar edi.
— Yurakni dadil qiling,— dedi Tantiboyvachcha sekinlik bilan,—bu nima hovliqish? Bu bashara, bu yurib-turish bilan sirni oshkora qilib qoʻyasiz. Ish juda soz boshlandi, endi oxirigacha silliq ketsin. Buning uchun birinchi galda dadillik kerak! Hozirdan boshlab ba’zilar sizdan gumonsirab qolipti...

Salimboyvachchaning rangi oqarib, koʻzlari qoʻrquvdan bir lahzada jonsizlandi. Titroq lablari bilan soʻradi:
— Kim gumon qiladi?
— Olimxon ellik boshi... Salimboyvachchaning nafasi kesildi. Boshini ikki qoʻli orasiga olib jim qoldi.
— Uniki gumon. Qoʻrqmang, Salim. Gumon boshqa, ishning ustidan chiqib, yoqa boʻgʻish boshqa,— dedi yupatib Tantiboyvachcha va Olimxon bilan mumkin qadar uchrashmaslik, tasodifan uchrashilganda, bu haqda soʻz chiqqanda, gʻoyat dadil boʻlish, achinish, taassuf bildirish kerakligini oʻrgatdi. Soʻng Salimboyvachcha oʻzini bir qadar sokin va dadil tutishga harakat qildi. Eshikka va deraza orqali hovliga alanglab, kechagi sirini shivirladi:
— Mana shu yerdan qochirishda sir ochilib qolarmikan, deb juda qoʻrqqan edim. Lekin juda qulay fursatda ish koʻrdik. Qiz yolgʻiz. Hamma yoq jimjit, qorongʻi, odamlaringiz juda chapdast ekan. Qoyil qoldim. Yulduzni benarvon uradigan yigitlar oʻshalar. Ularda shoshilish yoʻq. Hovliqish yoʻq. Tavba! Pochcha, endi katta tahlika oʻtdi. Dadamdan oʻchimni oldim. Gulnorga oshifta boʻlgan chol, keyinchalik mendan xafa boʻlmasin, bizning shartimizga koʻnmadi. Men shunday oʻylayman. Mana jazasi, oʻchimni oldim. Pochcha, endi qizning ovozini oʻchirasiz, iloji boʻlsa tezdan yoʻqotasiz.— Tantiboyvachcha moʻylovini burab, koʻzlarini bir nuqtaga tikib, bir qancha vaqt oʻyladi. Keyin sekingina, goʻyo oʻz-oʻziga soʻylagan kabi, dedi:
— Tirik oʻldiramiz-ku... bir kunmas, bir kun, axir ovozi chiqib qoladi-da!
— Sira ovozi chiqmasin!— qat'iy talab qildi Salimboyvachcha.
— Salimjon, bu ish juda qiyin, Ammo bajaraman. Shu bilan birga sizga ham bir shart qoʻyaman.
— Tushunmadim, qanday shart boʻlishi mumkin?—baqrayib soʻradi Salim.

Jiddiy va qatʼiy javob berdi Tantiboyvachcha:
— Shart shu: bundan keyin har xususda man bilan yaktan boʻlib ishlasangiz, sizning qoshingizga bir zaruriyat yuzasidai kelsam, talabimni oʻrniga qoʻysangiz... durustmi?—Tanti qoʻlini uzatdi. Salimboyvachcha shartning ma’nosini darrov angladi. Noiloj uning qoʻlini siqdi. Mana shu onda u oʻzining butun erkini pochchasiga topshirganligini, dadasi va boshqalar oldida oʻz jinoyatining ochilmasligi, sharmanda boʻlmasligi uchun, Tantiboyvachchaning har qanday talablarini, birinchi galda, albatta, aqcha talablarini soʻzsiz bajarishga majburligini, qordan kutulib, yomgʻirga tutilganini angladi. Bu narsani ilgari uylamagani uchun, afsus qildi. Lekin, endi oʻkinishning foydasi yoʻq edi. Rangi oʻchgan, qaltiragan Salimboyvachcha bolalarcha yalindi:
— Siz yolgʻiz pochcham emas, ham doʻstim, ham otamsiz, hamma vaqt ishimiz bir.

Tantiboyvachcha magʻrur va mamnun bir vaziyat oldi, labiga papiros qistirib, tezda oʻrnidan turdi va Yormat tomonidan shov-shuv koʻtarilmaguncha, jim turish kerakligini Salimga uqtirib joʻnadi.

U koʻchada gʻoyat mamnun ham har vaqtdagidan kekkayibroq yurdi, chunki u oʻzini katta zafarga erishgan hisobladi. Salimboyvachcha endi uning quli. Bundan ortiq zafar boʻlishi mumkinmi? Salim uning qopqoniga oʻz xohishi bilan kirdi. Avvalgi kun kechqurun Salim uning uyiga borib, dadasidan shikoyatlandi. Chol uning shartini qabul etmaganini va buning ustiga butun mehmonxonani boshiga koʻtarib oʻgʻillarini soʻkkanligini soʻzladi. Kayfi taraq Tantiboyvachcha Salimni yupatish uchun ichkilikni moʻl ichirdi. Salimning gʻazabiga mastlik qoʻshildi. Dadasidan oʻch olmoqqa tayyor ekaniii bildirdi. Tantiboyvachcha Gulnorni olib qochish kerakligini mastlik dadilligi va mantiqi bilan tushuntirdi. Gʻazablangan Salim bir minut oʻylanmasdan bu taklifni qabul etdi. Unga qarashli ikki muttaham yigit kecha kech Salimning koʻmagi bilan qizni xamirdan qil sugʻurganday jimgina, qulaygina oʻgʻirlab chiqdi... Tantiboyvachchadan nima ketdi... «Erta-indin boyvachchadan oʻn ming soʻm olaman—vekselga qoʻl qoʻysa bas. Uning imzosi — naqd pul», deb Tantiboyvachcha quvonib borarkan, nogahon koʻzi koʻchada qayoqqadir ketayotgan Yormatga tushdi. Uning betini koʻrmasa ham, dardini, hasratini uning yurishidan, yelkasidan sezdi. Yuragining chekkasi chimchilanganday tuyuldi. Ixtiyorsiz ravishda koʻzlarini boshqa yoqqa burdi: «Hammadan shu kambagʻalga qiyin, nafsilamrda qiyin. Oʻzi chakki odam emas. Bir musofir, gʻarib... Bolang koʻz oldida oʻlsa yigʻlaysan, dodlaysan, yer bagʻri qattiq, axir koʻnikasan. U boyoqishning nuridiydasi, yetilgan qizi birdan gʻoyib boʻlsin... Oʻlikmi, tirikmi, bir umr bilmasin... Bunday yashashdan jahannam azobi ming marta yengil. Yormatning qoʻlidan yetaklab, qizi oldiga toʻgʻri boshlab borsam, ol qizingni, lekin, buni bir san bil, bir Ollo bilsin, boshqa hech kim, joʻna desam...» oʻylab ketdi Tantiboyvachcha. Ammo uning yuragida bu yorugʻ fikrni bir zumda boshqa orzu — tama qorasi bosdi, haligi uchqun yurakning qora oʻpqinida darrov soʻndi. Chunki Yormatning qizi unga behisob tekin pul manbai ochgan edi. Salimboyvachchaning yelkasiga minish uchun Gulnor qurbon boʻlishi kerak. Bundan tashqari, Gulnor kabi, odamlarning ta’rifiga qaraganda, chiroyli qiz bilan koʻngil qonguncha «suhbat» qilish orzusi ham uning koʻksini yoqdi. Gulnorni qochirish toʻgʻrisida taklif qilganda, birinchi galda shu maqsadni koʻzlagan edi u. Savobning eshigi koʻp deydilar. Bu boʻlmasa, boshqa bir eshikka kirib chiqarmiz. Masalan, machitga gilam olib berish. Bunda kishining nomi ham chiqadi, deb oʻyladi-da, qadamini ildam bosib, Yormatni orqada qoldirdi. Chorsuga keldi va choyxonalarning birida chilim tortdi. Uyga qaytishni istamadi, lekin gapga borishga hali vaqt erta edi. Bir nafas anqayib, Jondor vagonchinikiga joʻnadi.

Jondor vagonchi uni oʻz tashqari hovlisida, imorati shu yil yozda boshlanib, qish kelishi bilan bir qismi qolgan katta hovlining mehmonxonalaridan birida kutib oldi. U baland boʻyli, peshanasi tor, oʻtkir yuzli, beti ham soqoliday qop-qora kishi: kiyimlari, zamonga koʻra bir qadar «fasonroq» edi. Tantiboyvachcha u bilan bir yildan buyon qalin doʻstlashib, har hafta ulfatchilik qilishga boshlagan edi.

Jondor vagonchi ilgari boylarning yugurdagi boʻlgan, kambagʻalgina odam edi. Nari borsa shu ikki yil mobaynida gurillagan boylikka ega boʻldi, yirik gʻalla savdosi bilan mashgʻul boʻlgani uchun vagonchi deb ataldi. Urush vaqtida gʻalla narxining tobora koʻtarilishi, xalqning nonga zor boʻlishi Jondorning boyligini va nomini kun sayin oshirdi. Uning ishlaridan yaxshi xabardor yaqin doʻstlari, uni oʻzaro «urushboy» deb atashar edi. Jondor vagonchi ikki yil ichida katta bogʻlar sotib oldi, shaharda ichki-tashqi hovli bino qildi. Yirtiq-yamoq kiyim bilan oʻsgan oʻgʻillari shayton arava (velosiped)da uchib, atrof mahalla bolalarining koʻzlarini oʻynatdi. Otasi kal Yodgor oʻlganda, jasad to mozorga yetguncha, uchragan odamga yarim gazdan oq surp «yirtqich» ulashildi. Oʻris toʻralari bilan aloqasi kuchaydi. Dongdor musulmon boylari, boyvachchalari bilan ulfat qurdi. Uning uyida har kunda boʻlmasa ham, har uch kunda bir semiz qoʻy soʻyilganidan imomlar, eshonlar xira pashshaday, uning dargohida aylanib qoldilar. Jondor boyning, xususan, bogʻ ziyofatlari, bazmlari tarifga sigʻmay ketdi. Oʻz mahallasidagi yarim qadim-yarim jadid bir maktabga bir necha parta yasatib bergani uchun, jadidlar uni «hodim vatan va millat» deb maqtadilar. «Urushboy» fahsh ishlarida ham hammadan oʻzishga tirishdi. Qoʻsha-qoʻsha bachcha asradi. Lekin ular koʻrinishda uning mirzasi yo gumashtasi kabi yashaydilar...

Tantiboyvachcha poʻstinni yechib, sandal atrofiga yoyilgan qalin atlas koʻrpachalarga oʻtirdi. Tokchalarga bezak uchun terilgan qimmatbaho asboblarni tomosha qildi. Uyning toʻriga, katta gilam ustiga tashlanilgan joynamoz gilam uning diqqatini jalb etdi. Uningcha, u koʻrgan bu navdagi gilamchalar orasida Jondorniki mislsiz edi.

Jondor vagonchi shu uyga yopishgan ikkinchi bir kichik uydan patnis yasab chiqdi. Xamiri nuqul qaymoqqa qorilib ogʻizda erib ketuvchi oppoq patir nonlarni, mehmonning e’tiroziga qaramay, ushatib tashladi. Bir laganga qazi toʻgʻradi. Bu kun bir necha qadrli mehmonlar kelishi kerakligini, dutor, tanbur, ashula bilan shiringina oʻtirish yasamoqchi ekanini, oddiy gap-gashtakdan zerikkanini soʻzlab, Tantiboyvachchaning qadamiga xursand boʻlganini bildirdi:
— Bu kun man bilan boʻlasan. Bu yerda bir bazmi jamshid yasaymiz. Bir qancha vaqtdan buyon najohatli, salla-kallali, ulamo, mudarris, a’lamlar orasida qoldim. Kelishadi, qaytara olmaysan. Juda xunob boʻldim. Chunki ular oʻlgunday ezma boʻlishadi. Shariat qilni qirqqa ayiradi, degan soʻz toʻgʻriga oʻxshaydi, doʻstim. Arzimagan narsa ustida masalaxonlik qilib, bir-birlari bilan talashishadi. Qoʻyaversang, xoʻrozday part-part tepishmoqchi boʻlishadi. Keyin man oʻrtalariga tushib, ikki tomon ham haq boʻlsa kerak, deyman. Shu bilan dahanaki jangdan qolishadi. Rosa xunob boʻldim...
— Durust, miyang toʻlipti,— dedi kulib Tantiboyvachcha,— yaqin oʻrtada uncha-muncha ulamoni bir choʻqishda qochirasan.
— Ey, qoʻy, — yuzini burishtirib dedi Jondor vagonchi,— ularning kun boʻyi gapirishlaridan bitta «alif» miyamga kirmaydi. Ular nima soʻzlashsa, taqsir, sizniki ma’qul deyman. Men senga rostini aytib qoʻya qolay: alhamdulillo, musulmonman. Lekin ularning mingʻirlashi menga yoqmaydi... Xoʻsh, nimaga ularga joy beraman, ziyofat yasayman? Shuning uchunki, birovni toshboʻron qildiradigan ham ular, obroʻsini koʻkka chiqaradigan ham ular. Uyimga kelib, tuzimni yalab, eshigimdan yaltiroq toʻn kiyib chiqsalar, hammaning ogʻzi yumiladi. Qoʻyaver bu gaplarni! Lekin, doʻstim, kechga mehmonlarni joʻnatib, gorodga shaboxoʻn oʻramiz ikkalamiz, oyimchalardan gʻalatisini topib gasht qilamiz. Qoʻlingni ber, shovvoz!

Tantiboyvachcha taklifni qabul qildi. Ammo shu onda Gulnor esiga tushdi. Bu «tansiq sovgʻa» bilan Jondorboy kabi doʻstini nega xursand qilmasin? Jondorboy undan hech nimani ayamaydi-ku. Soʻngra, sotib yeyishdan boshqani bilmagan boyvachchaning shu vaqtlarda ancha puturi ketgan edi. Mulklarning uchdan biri ham qolgan emas. Shuning uchun Jondorboy kabi gurillagan boylarga xushomad qilishni juda foydali topdi. Hozircha masalani yopiq qoldirib, keyincha qizni «tiriklay oʻldirish» uchun Jondorboyda boʻlgan butun vositalardan foydalanmoqni moʻljalladi. Zotan, bu yerga kelishdan maqsadi ham shu edi. Shu mulohazalarga suyalib, Gulnorga bosqinchilik qilishga Joydorboyni sherik qilmoqchi boʻldi. Jonon piyoladagi achchiq choyni hoʻplab gapirdi:
— Gorodga chiqmaymiz, Jondor. Shomdan keyin man sani bir joyga olib boraman. Yayraysan!
— Ogʻzingdan oʻrgilay, rostmi?—Jondorning lab-lunji kulgidan tirjaydi.
— Rost. Itni bogʻlasang, turmaydigan bir joy... Ammo parishtaday bir qiz bor.
— Ogʻzingdan aylanay,— tipirchilandi Jondor,— shu yerga keltiraylik, yo boshqa bir joyga eltaylik, qiz dedingizmi? Yana oʻn yil yasharar ekanmiz-da!
— Uni joyidan qoʻzgʻatish juda qiyin ish. Keyincha, balki oson boʻlar..
— Mayli, ipak gilamlarda, mana shunaqa uylarda maishat qilib koʻrdm. It turmaydigan joyda yaxshi qiz bilan «suhbat» qilishning ham oʻzicha bir zavqi boʻladi. Mirishoq, sanga molimni emas, jonimni qurbon qilsam arziydi. Qiz dedingmi? Aysh qilar ekanmiz. Qani, oldindan bir oz noʻsh qilib turaylik!

Jondorboy hovliqib, shkaf ichidan konʼyak olar ekan, uning mehmonlari kirib kelishdi. Koʻrishmasdan ilgari Jondor ularning hammasiga kichik stakanlarda may quyib tutdi. Ha-ha, tarala bilan tik turib ichishdi.

III

Yoʻlchi tong qorongʻisida Qoratoyga kelib, voqeani bildirdi. Temirchi labini qattiq tishlab oʻyladi. Faqat, bu toʻgʻrida hech nima ayta olmadi. U, oʻz ta’biricha, «u yoq-bu yoqni izgʻib, sirning uchini» topish uchun qayoqqadir yoʻqoldi.

Yoʻlchi qayoqqa bosh urishni, kimning yoqasidan tutishni bilmay, ancha vaqtgacha koʻchalarda tentib yurdi. Mirzakarimboy unga ish buyurganini Yormatdan eshitsa-da, boʻysunmadi. Endi uning xayolida hamma narsa boʻsh va ma’nosiz edi. Ba’zi minutlarda esi oqqan kabi, koʻcha oʻrtasida qaqqayib qolar. Har oʻtgan daqiqa uning soʻnggi umid uchqunlarini soʻndirar, yuragini qoʻrqinchli tuygʻular bilan toʻldirar edi.

Qiyom chogʻida Qoratoy bilan uchrashish niyatida choyxonaga kirdi. Choyxonada odam koʻp edi. Chilim tutuni, samovar bugʻi, odamlarning gʻovur-gʻuvuri ichida, peshanasini ushlab, bir chekkada oʻtirdi. U soʻramasa ham, choyxonachining yugurdagi choy qoʻyib ketdi, qaytarishni ep koʻrmay, bir piyola quydi, lekin ichmadi, boshi yana beixtiyor quyi solindi. Shu vaqtda kimdir uning yelkasini qoqdi. Yoʻlchi yalqovgina qaradi, qarshisida Qambar choʻloq. Uni koʻpdan beri koʻrmagan boʻlsa-da, oʻrnidan turmasdan, boʻshang soʻrashdi. Qambar kulib, kuppa-kunduzi, shuncha gʻalva orasida uxlayapsizmi, deb oʻtirdi. Yoʻlchi indamasdan piyoladagi choyni unga uzatdi. U Qambar bilan juda qalin doʻst edi. Yoz chogʻlari Yoʻlchi dalada ishlarkan, ular tez-tez uchrashib turishar, juda samimiy soʻzlashar edi. Yoʻlchi hozir oʻz kayfiyatini, zoʻrlab boʻlsa-da, oʻzgartirishga tirishib, Qambar bilan bir oz soʻzlashmoqchi boʻldi, lekin bundan ojiz qoldi: har qanday soʻz behuda, ma’nosiz koʻrindi.
— Sizga nima boʻldi, xoʻjayinlar xafa qildimi? Bu kun jumalik qilib chiqqan edim. Sizni koʻrib sevingandan yuragim qoq yorilayozdi, sizning vajohatingiz — bu!
— Koʻrishmaganimizga ancha boʻldi,— bazoʻr javob berdi Yoʻlchi,— kishining boshiga har xil tashvish tushar ekan-da!
— Toʻgʻri, kambagʻalning boshi gʻamdan chiqmaydi. Hayiti ham aza, jumasi ham aza,— piyolani boʻshatib soʻzladi Qambar,— koʻngilga tugaversang, jinni boʻlib qolasan. Gʻam yomon, fil boʻlsang ham bora-bora ipday choʻzib qoʻyadi. Lekin, ayting, nega buncha es-hushdan ogʻib, boʻzaryapsiz,— dedi-da, Qambar birdan kulib yubordi. Uning kulishi Yoʻlchiga ogʻir tegdi. Buni sezgan Qambar Yoʻlchi tomon egildi va shivirladi:
— Dardingizga davo menda!—u qaddini toʻgʻrilab, magʻrur boqish bilan yana iljaydi.
— Nima deyapsiz?—gumonsirab soʻradi Yoʻlchi.
— Mayli, siz yashirdingiz, ammo men yashirmayman,— Qambar yana egilib, ovozini pasaytirdi.— Yormat akaning qizini sevasiz, qizi kechasi birdan yoʻqolib qolibdi-a? Xafalik shundan emasmi?

Yoʻlchining qoʻllari titrab, koʻzlari umid bilan ochilib ketdi. Bir muddat soʻzlay olmadi, jilmaygan Qambarning koʻzlariga tikilib qoldi. Soʻng dedi:
— Sevishimni bilardingiz, yoʻqolganini qanday?..
— Hammasi manga ma’lum. Qambar choʻloqdek iskovich yetti iqlimda bormikan!— Qambar bir oz toʻxtab, atrofiga koʻz yugurtirib, davom ettirdi soʻzini.— Kecha shom vaqtida biznikiga ikkita shum yigit keldi. Taniyman. Xoʻjayin haligilarni mehmonxonaga kirgizib, eshiklarni taqa-taq yopdi. Bir nima borov dedim. Hech nimani farqiga bormagan boʻlib, eshikda yumushlarimni qilaverdim. Dam oʻtmay yigitlar chiqishdi, keyin mast Salimboyvachcha ham bir koʻrinib yoʻqoldi. Orqalaridan poylay dedim-ku, lekin xoʻjayin sezadi, deb oʻyladim. Yarim kechada eshik taqilladi. Chiqib ochdim: qari izvoshchi, gʻirt muttaham odam. Lekin men bilan juda hazilkash. Hamma oʻgʻrinchi ishlarni oʻsha yuritadi. Ha, bobo, horma, dedim. U: «Iloji boʻlsa hozir, boʻlmasa ertaga barvaqt ayt xoʻjayiningga, nozik yukini falokatsiz eltib qoʻydim, pulni moʻlroq choʻzsin» dedi. Qanaqa yuk, dedim. Otini «chuh» demoqchi. Yaqinlashib, shoshma, dedim. Mendan nimani yashirasan? Anov yigitlar, anov boyvachcha san bilan birgamidi? Bilaman, gapir dedim. «Ha ayyor choʻloq, iskabsan darrov! Bir mahalladan bir qizni olib qochishdi. Boyvachchaning xizmatkorining qizi emish... Damingni chiqarma!» dedi sekingina. Bildim-ki, Yormatning qizi. Shundaymi, axir? Lekin nima uchun olib qochadilar, bunga aqlim yetmaydi. Lekin ikkalamizning xoʻjayinlarimiz ham ashaddiy buzuq, shuning uchun yomon niyat bilan boʻlsa kerak. Mana, doʻstim, sizga xabar berishga keldim. Qidirdim...

Bu voqea, qoʻrqinchli bir tush kabi Yoʻlchining koʻz oldidan oʻtdi. Qambar soʻzini bitirar-bitirmas, u koʻchaga otildi. Orqasidan Qambar ham yugurdi. Yoʻlchidagi gʻazabni koʻrib, Qambar uni pastqam bir tomonga yetakladi. Odamlardan xoli joyda toʻxtab, agar Yoʻlchi xohlasa qizni qutqarishlik mumkinligini, qiz oʻsha shum yigitlardan birining uyida ekanini soʻzladi.
— Ayting, qaerda? Hozir boraman,— hansirab dedi Yoʻlchi.
— Men oʻzim boshlab borsam... qalay boʻlar ekan?—oʻylanib qoldi Qambar.
— Yoʻq, Qambar aka,— qat'iy ravishda dedi Yoʻlchi,— ahmoq Tanti sezsa, xafa qiladi. Man oʻzim boraman.

Qambar mahallaning nomini aytib, u yerdagi tor koʻcha, boshi berk koʻchalarni, eshiklarni mumkin qadar sinchiklab tushuntirdi, tirnogʻi bilan devorga chizib ham koʻrsatdi: «Adashsangiz, bironta boladan sekingina soʻrang: «Qora Ahmadniki qaerda» deb.
— Aniq oʻsha yerdami?— dedi Yoʻlchi titrab.
— Menimcha, albatta, shu yerda boʻlishi kerak.

Yoʻlchi odimini katta otib joʻnadi. Bir oz nari borgach, orqasidan Qambar chaqirdi:
— Beri keling!
— Yana nima?— shubhalanib soʻradi Yoʻlchi.
— Pichoq bormi? Ehtiyot-da.— Yoʻlchining qulogʻiga shivirladi Qambar.
— Enam pichoq taqishni oʻrgatgan emas, Qambar aka! — Gʻurur bilan javob berdi Yoʻlchi. Qambar norozi boʻldi, lekin pichoq olishga Yoʻlchini zoʻrlay olmadi, ajablanib yelkasini qisib qoldi.

Yarim soatdan moʻlroq yurib, qoʻrsatilgan mahallaga yetdi. Bu — shaharning chetida, shahar bilan dala oʻrtasida, juda pastqam mahalla edi. Unda-bunda bir eshik uchraydi, lekin och-oriq, daydi itlar koʻproq sanqib yuradi. Yoʻlchi Qambar uqtirgan imoratlarni bir-bir koʻzdan kechirib, soʻl yoqadagi boshi berk tor koʻchaga kirda.. Koʻchaning ikki tomoni buzuq-yoriq paxsa devor, faqat koʻchaning boshida kichkina bir eshik. Yoʻlchi eshikni itardi: orqadan zanjir. Shu yerda bir oz oʻylab, devorlarga razm solib, keyin oxista taqirlatdi. Eshik ochilib, barzangiday yigit chiqdi, gavdasi bilan eshikni qopladi, u yoʻgʻon, kallador, qoshlari mushukbachchaning dumiday oʻsiq, yuzida, peshanasida pichoqbozlikning izlari ravshan koʻrinadi, yirikk koʻzlarida kishiga yomon ta’sir qiladagan, kandaydir, sirli oʻt yonadi. U xoʻmrayib tikildi:
— Xizmat?—dedi.
— Bu yoqqa tur, ichkari kiraman!

Yigitning koʻzlari asabiy iirilladi, pixillab nafas oldi.
— Podadan adashgan buzoqqa oʻxshab, duch kelgan eshikka boshingni tiqaverasanmi? Kimsan oʻzing?
— Qora Ahmad kim?—dedi Yoʻlchi, yigitga yaqinlashib.
— Man!—dedi yigit va barmogʻi bilan ostonaga ishorat qilib soʻzida davom etdi.— Mana bu yerda odamzodning boshi yanchiladi, uka! Uyimga nimaga kirasan, uyim enang mahriga tushganmi?

Gulnorning shunikida ekaniga Yoʻlchida hech qanday shubha qolmadi. Bu yigitga soʻz uqtirishdan foyda yoʻqligini sezdi-da, uning yoqasiga chang solib, keskin bir siltash bilan ostonadan uzdi, yana bir keskin va kuchli siltash bilan paxsa devorga urdi. Shu vaqtda Yoʻlchining koʻkragiga qattiq va salmoqli musht tushda. Yoʻlchi ham Qora Ahmadning basharasiga, koʻksiga, qorniga toʻqmoqday mushtumi bilan toʻxtovsiz tushira boshladi. Tomoshabinsiz, ajratib qoʻyuvchilarsiz zoʻr, omonsiz mushtlashuv!.. Ikki tomon ham «ix, ax» va shuning kabi ma’nosiz tovushlardan boshqa bir soʻz aytmadi. Ikkisining koʻzlarida vahshiy gʻazab yondi. Boʻyin tomirlari arqonday qavargan, bilak paylari temirga aylangan. Nihoyat, Yoʻlchi ham, Qora Ahmad ham, musht bilan bir-birlarini yenga olmaslikka ishonch hosil qilishdi shekilli, harakatlarini oʻzgartirishdi. Quchoqlashib-tortishdi, bir-birlarini yiquvga intilishdi. Yoʻlchi bir kalla urib, Qora Ahmaddan oʻzini ayirdi, bir panjasi bilan Qora Ahmad boʻynining ust tomonidan changakday siqib, pastga bosdi, ikkinchi qoʻli bilan Qora Ahmadning bir qoʻlini orqaga qayirdi va butun kuchi, ogʻirligi bilan uni yerga bosib tushdi. Qora Ahmad yarim yumalanib, ostida qolgan qoʻlini boʻshatib chiqardi. Uning qoʻlida pichoq yaltiradi. Yoʻlchi chapdastlik bilan qoʻlini mahkam ushlab qayirib, yerga mixlaganday qildi. Pichoq qoʻlidan tushdi. Yoʻlchi pichoqni qoʻliga olib, uzoqqa otdi, butun gavdasi bilan Qora Ahmad ezib, bir qoʻli bilan. uning tomogʻini xip boʻgʻdi, gʻazabdan tishlarini qisirlatib: «Dodla, baqir uyalmasang!..» dedi.

Qora Ahmadning yuziga qon aralash loy chapilgan edi. Shishgan ikki koʻzi loy va qon orasidan kuchsiz yaltirar edi. Yoʻlchi uning boʻgʻzini boʻshatdi. Qora Ahmad boʻgʻilib, harsillab nafas oldi. Tomogʻi boʻshalgan esa-da, qarshilik koʻrsatshiga urinmadi. Yoʻlchi jerkib soʻradi:
— Qiz shu yerdami?
— Shunda—dedi Qora Axmad, bir nafasdan soʻng,— kiming u, singlingmi?
— Men u qizni sevaman— magʻrur javob berda Yoʻlchi. Qora Ahmad yotgan joyida kimnidar chapanicha yomon soʻkdi.
— Kimni?— deb oʻqraydi Yoʻlchi.
— Anov... Boyvachchani soʻkaman...
— Nimaga olib qochdilaring qizni?—dedi Yoʻlchi.
— Bilmayman. Hech. Boyvachchalardan soʻra.

Yoʻlchi Qora Ahmadning ustidan tushdi. Haligi uloqtirgan pichoqni qoʻliga oldi-da: «Tur, ammo endi gʻing demaysai!» dedi.

Qora Ahmad bir qoʻlini yerga tirab, ohista koʻtarildi, qon aralsh tupurdi. Yoʻlchiga qarab yumshoq gapirdi:
— Mard ekansan Qora Ahmadni urding.. Yana qanday! Chin soʻz kerak. Men odamning xoʻroziga boshimni beraman. Sen u qizni sevasanmi? Ol, ket! Hech kimning koʻz qorasi unga tushgani yoʻq. Ishon manga!—soʻl, qoʻlini ehtiyot bilan ushladi Qora Ahmad— Qoʻlga shikast berding-da. Zarari yoʻq. Kir!

Yoʻlchi choponining etagi bilan yuzini artdi. Pichoqqa diqkat bilan qarab, soʻngra, peshkash qilgan kabi, Qora Ahmadga tutdi.
— Ol!...

Qora Ahmad ishonmagan kabi agʻrayib, bir minut taraddudda qoldi. Keyin pichoqni sekingina oldi-da, boshini quyi soldi. Bir zum oʻtmay, birdan Yoʻlchiga qaradi. Uning bu qarashida chuqur taajjub bilan hurmat ifodalandi, loy va qonli yuzini tabassum qopladi: «San oltin yigit ekansan. Tushundim!»—pichoqni qoʻnjiga tiqib, uyga oʻzi boshladi. Hovliga, kirarkan qichqirdi:
— Opa, pana boʻl!

Yoʻlchi uning orqasidan serdaraxt, lekin uy-joyi toʻtday toʻkilib turgan katta hovliga kirdi. Qora Ahmad hovlining narigi burchida yuzini katta roʻmol bilan Yoʻlchidan yashirgan bir xotin oldiga keldi. Yoʻlchi sabrsizlik bilan hovli oʻrtasida atrofga alanglab turarkan, xotin chinqiriq tovush bilan birdan vaysab ketdi:
— Voy, oʻlay, bu nima! Yuzingni kim pachaqladi? Choponing boshdan-oyoq balchiq. Man sanga ming marta dedim-ku yomon yoʻldan qayt deb...

Qora Ahmad bir nima deb poʻngʻilladi-da, hovlining chetidan yurib, bir uycha oldida toʻxtadi va Yoʻlchini imladi. Yoʻlchi yugurib bordi. Qora Ahmad kalitni berib, oʻzi chekildi. Yoʻlchi titragan qoʻllari bilan shoshib-pishib qulfni ochdi, eshikning ikki qanotini ikki yoqqa qattiq itarib, uyga otildi. Darchasi berk boʻlganidan uy ichi qorongʻiroq edi, hech kim koʻrinmadi. Yoʻlchi umidsiz va hayajonli tovush bilan:
— Gulnor!— deb qichqirdi.

Eshik ochilar ekan, falokatmi, deb gumon qilgan va qoʻrquvdan nafasi kesilib, qorongʻi burchakka qisilgan qizga bu tanish va sevimli tovush bir onda hayot bagʻishladi. U faryod bilan Yoʻlchiga otildi. Sevinchidan, hayajondan, yayriliq hasratidai ular ancha vaqtgacha bir ogʻiz soʻz soʻzlashga ojiz qolishdi. Gulnor boshini Yoʻlchining koʻkragiga suqib yigʻladi. Yoʻlchi uni eshik oldiga olib bordi. Gulnor namli koʻzlari bilan Yoʻlchiga tikilib, bir nimadan hurkkan singari, yana unga suquldi, soʻng erkalanib uning boʻyniga qoʻl tashladi. Yurakka sigʻmagan hayajonini boʻshatgan kabi, xoʻrsina-xoʻrsina soʻzladi:
— Koʻzlarimga ishonmayman. Sizni koʻrish... uh, umidim uzilgan edi. Yoʻlchi aka, biz qaerdamiz? Nima boʻldi? Anov muttaham kim? Nega meni bu yerga oʻgʻirlab keladi? Hech nima tushunmayman! Tushimmi? Oʻngimmi? Kechasi yolgʻiz oʻtirgan edim,— yigʻlab gapira boshladi Gulnor,— onam boynikida, dadam allaqayda... birdan ikkita devday yigit kirsa boʻladimi. «Voy!» deb oʻzimni yerga tashladim. Bundan boshqasini bilmayman. Keyin bir vaqt hushimga keldim. Ogʻzim boʻgʻiq. Qalin narsaga oʻralganman. Izvoshda ketayotganimni payqadim. Yana hushsizlandim. Uh, oʻlmabman, kishining joni shunday chidamli boʻlar ekan. Lekin oʻzimni oʻldirish uchun mana shu uyda koʻp urindim. Tomogʻimni boʻgʻdim. Boʻlmadi. Boshqa chora qidirib turgan edim, qaerdan keldingiz, osmondan tushdingizmi, Yoʻlchi aka?— Gulnor soʻzlarkan, Yoʻlchi uning yuzidan koʻz uzmadi. Qiz juda ozgan, yuzi sargʻaygan edi. Koʻzlari horgʻin, darmonsiz edi. Boshidan kechirgan foje hodisalar uning butun siymosida ravshan edi. Lekin qizning husni, hasrat otashida tovlanib, mukammallashgan kabi, yana ham yorqinroq, yana ham sehrliroq boʻlib koʻrindi Yoʻlchiga. Yoʻlchi Gulnorning boshini silab, voqeani qisqacha aytib berdi, katta ayb Qora Ahmadda boʻlmay, balki boshqalarda ekanini va buning sababiga hali tushunmaganini soʻzladi. Tanti va Salimboyvachchalarning ishtirok etuvi Gulnorning hayrat va gʻazabini oshirdi. Butun alamzadaligi bilan ularni qargʻadi. Nogahon Yoʻlchining chakkasidagi koʻkimtir shishni koʻrib, koʻzlariga qoʻrquv toʻldi.
— Bu nima? Voy, qulogʻingiz orqasi ham ozgina qonabdi!— dedi Gulnor qoʻrqib.
— Qora Ahmad bilan ozgina hazillashdik. Yuring, tezroq ketaylik,— Yoʻlchi hovliga tushdi.
— Mahsim boru, kavushim yoʻq, paranji-chachvonim yoʻq. Roʻmolim yoʻq. Roʻmolsiz, mayli-ya, paranji, kavushsiz qandoq chiqaman koʻchaga?—dedi Gulnor muloyim kulib.
— E...e...— Yoʻlchi oʻylab qoldi, bunday narsalar sira esiga kelmagan edi, goʻyo Gulnorni kiyintirib olib qochishganday. Bu narsalarni tezda topib boʻlmagani va Gulnorni bu yerda bir minut ham yolgʻiz qoldirishni istamagani uchun, u Qora Ahmadni chaqirdi. Qora Ahmad ogʻir-ogʻir yurib keldi. Uning yuzi endi qon bilan loydan tozalangan boʻlsa-da, juda xunuk edi. Peshonasida katta-kichik gʻurralar, yuzlari koʻm-koʻk shish, bir koʻzi tamom yumulgan edi. U, uzoqroqda toʻxtab:
— Xafa boʻlmang, singlim!—dedi.

Qora Ahmad yaqinlashuvi bilan oʻzini eshik orqasiga oltan Gulnor dadil qichqirdi:
— Uyatsiz!

Qora Ahmad yerga qaradi. Yoʻlchi uning yelkasiga qoʻlini qoʻyib, ahvolni tushuntirdi. U ilma-teshik bir paranjini keltirib Yoʻlchiga tutqazdi.
— Boʻlgani shu. Buni ham opamiz yer-koʻkka ishonmaydi,— dedi kulib Qora Ahmad.
— Xoʻp, men garovga pul berib ketay.
— Yoʻq, bu bir tangaga qimmat, garovga sira arzimaydi. Ammo kerakli narsa u, musulmonchilikning farzlaridan biri shu boshvoq-ku... Ertaga yo oʻzing keltir, yo birovdan berib yubor.
— Rahmat.

Qora Ahmad bir hujraga kirib, uzoq vaqt yoʻqoldi. Eski-tuski orasidan bir juft kavush topib chiqib, Yoʻlchining oyoqlari orasiga tashladi. Kavushlar quruq tarashaday shaqillab tushdi yerga. Qora Ahmad ham, Yoʻlchi ham, hatto engak orqasida moʻralab turgan Gulnor ham bir vaqtda beixtiyor kulib yuborishdi. Kavushning biri «zaifona», biri «mardona», birining poshnasi butunlay yoʻq, biriniki yarimta. Birining yuzi yarmini sichqon kemirgan, birining yuzi tag charmga yopishib ketgan. Yoʻlchi kula-kula qoʻlga oldi. Barmoqlarini tiqib, kavushning yuzini toʻgʻrilamoqchi boʻlgan edi, oʻrta barmogʻi teshib chiqdi... Yoʻlchi yerga tashladi.
— Men pul beray, shu atrofdan oz-moz durust, oyoqqa ilinadigan bir narsa topib bering,— Yoʻlchi murojaat qildi Qora Ahmadga.
— Qiziq ekansan, oyogʻidagini yechib beradimi, bu yerdagilar hammasi — gadoydan non tilaydigan qashshoqlar, juftingni qanoting ostiga olib ucha ket, lochin! Bu yerda turma!—dedi-da, Qora Ahmad bir tomonga chekildi,

Gulnor «doqi yunus»dan qolgan kavushni kiyib, chirik paranjiga oʻralib, Yoʻlchi bilan joʻnadi. Katta koʻchaga chiqqach, musulmonlarning yomon fikrlariga zamin bermaslik uchun, Yoʻlchi oʻzini besh-oʻn qadam oldinroq olib yurdi. Tutqunlikdan, falokat chuquri yoqasidan sevikli yigit tomonidan qutqazilgan Gulnorning qushdek uchgusi kelar, lekin boshidan kechgan dahshatli voqealar orqasida oyoqlarida zarracha mador sezmas edi. Buning ustiga kavushi monelik qilar edi. Deyarli har qadamda bir poy chirik kavush oyoqdan tushib, loyga botar, qiz engashib yana ilar, qadamini har qancha avaylab qoʻysa ham, kavushlar yurishdan boʻyin tovlar edi.

Yoʻlning yarmiga yetganda, odamlar siyrak joyda Yoʻlchi toʻxtadi. Gulnor uning yoniga kelgach, iymanib sekiigina dedi:
— Qaerga olib boray sizni? Oʻz uyingizgami? Toʻgʻrisini aytavering, Gulnor, sira tortinmang.

Bu savolni Gulnor hali oʻylamagan edi, u devorga suyalib turib qoldi. U paranjida boʻlsa-da, hozirgi kechinmalari va hayajonlangani Yoʻlchiga bilinib turdi.
— Tortinmang, ixtiyor sizda,— takrorladi Yoʻlchi.
— Uyimga qaytmayman. Boyagi joyga boramiz, gaplashamiz,— qagʻiy javob berdi Gulnor. Agar koʻchada boʻlmasa edi, Yoʻlchi shu onda bu goʻzal, toza yurakli, jasur, vafodor qizning oyoqlariga bosh qoʻyishga tayyor edi. Lekin shunda ham uning bundagi harakati, qizning ulugʻ qalbi va sevgisi oldida hech ekanini chuqur sezdi. Yoʻlchi cheksiz sevinch bilan yurib ketdi. Yoʻl-yoʻlakay fikri joy qidirish bilan mashgʻul boʻldi. Qoratoy, Shokir ota uyi juda mos. Lekin boyning mahallasida, bilinib qoladi, hozir toʻppa-toʻgʻri qishloqqa joʻnash uchun hech qanday imkon yoʻq. Gulnor horigan, kiyim yoʻq. Yana u bilan ochiqcha soʻzlashuv kerak, yigit oʻylay-oʻylay Shoqosimning xizmat qiladigan joyini, juvozkashnikini ma’qul koʻrdi. Chunki bu joy Mirzakarimboy uyidan ikki-uch mahalla narida ham bundan boshqa xoli joyni topish qiyin. Ehtiyot yuzasidan toʻgʻri yoʻlni qoʻyib, aylanma yoʻllar bilan namozgar vaqtida Shoqosimnikiga boshlab keldi. Juvozkashning tashqarisida juvozxona, bedaxona, otxonadan boshqa, bir burchakda kichkina hujra bor zdi. Bu yerda Shoqosim yashar edi. Yoʻlchi atrofga kuz yugurtirib, otxonaga kirdi. Endigina ishdan chiqib, otlarning yem-xashagi bilan ovora boʻlgan Shoqosimni koʻrdi. Salomni, soʻrashmoqni unutib, qulogʻiga shivirladi. Ishdan horib-tolib chiqqan Shoqosim chala-chulpa eshitsa-da, ma’noni tez ilib oldi. Oʻrtogʻiga hayron boʻlib tikildi.
— Rostmi? Hujraga olib kir, eshikni orqasidan zanjirla. Qorangni koʻrsatma,— dedi.

Hujra kichkina, lekin iliqqina edi. Eski boʻyra ustiga solingan eski koʻrpachaga Gulnor oʻtirdi. Hujraning burchagida Shoqosimning uvada choponi, toʻziq koʻrpa-yostiq uyulgan. Tashqari hali yorugʻ boʻlsa-da, eshik yopilgani uchun, derazasiz hujra qop-qorongʻi boʻldi. Yoʻlchi tokchada yotgan shamni yoqib, bir piyolani toʻntarib, uning ustiga shamni oʻtqazdi va oʻzi bilan Gulnor oʻrtasiga qoʻydi. Ikkisining yuragida sevinch va baxt lim-lim toshgan edi. Bu baxt, bu cheksiz sevinch ularning koʻzlarida, qarashlarida, yuzlarini qoplagan tabassumlarida jilvalandi... Hozir ikkisi bunday uchrashuvdan, bir-birlariga qoniqmay boqishlaridan oʻzga dunyoda hech nimani nazar-pisand qilishmas, qalblarida yillarcha saqlagan muqaddas orzularga yetishganliklaridan, ikkisi ham mast kabi edi. Bu faqir hujrada miltiragan sham ular uchun azamat va hayotbaxsh quyosh kabi koʻrinar edi.

Ular koʻpdan beri koʻkraklarida toʻplangan, ifodasi uchun vaqt-sharoit imkon bermagan oʻylarini, dardlarini gaplasha boshladilar. Gulnor ayniqsa, keyingi kunlardagi voqealarni hayajon bilan soʻzladi. Mirzakarimboyning uyatsizligi, dadasining nodonligi, koʻz yoshlari bilan Yoʻlchini kutishlari, Qora Ahmadning sovuq uyida tun boʻyi va kunduzi ham, Yoʻlchi kelguncha, yolgʻiz oʻz oʻlimini, oʻz-oʻzini qay ravishda oson oʻldira bilish bilan ovora boʻlganligini, Qora Ahmadning opasi koʻrsatgan ba’zi bir mehribonchiligini va hokazolarni hikoya qildi. Yoʻlchi hamma eski, yangi voqealarni, xususan kechadan buyon tortgan tashvish va hayajonlarini gapirdi, qizning peshanasini silab, oʻtganlarni unutish kerakligini tushuntirdi. Eshik taqilladi. Yoʻlchi irgʻib turib qiya ochdi. Shoqosim bir choynak choy, ikkita non, bir tarelka qora mayiz uzatdi: «Palov qiladigan kezi ekanu... uka, kambagʻalmiz-da, ozni koʻp koʻrib olasizlar.. » dsdi. Yana birpasdan keyin bitta koʻrpa keltirib berdi, aziz mehmonim bor deb, xoʻjayinlardan yalinib olganini aytib kuldi. Yoʻlchi unga minnatdorchilik bildirib, koyimasligini oʻtindi. Bundan bir necha soat ilgari qaygʻudan boshqa ovqatni tanimagan bu ikki yor endi sevinib, ishtaha bilan yeya boshladi. Yoʻlchi, pul beray, Shoqosim oshpazdan ovqat keltirsinmi, deb soʻragan edi, Gulnor lozim topmadi. U choyni oʻzi quyib, Yoʻlchiga gʻamxoʻrlik koʻrsatdi, quvnoq koʻzlarini bu kichik, faqir hujraning har tomoniga yugurtib, kula-kula soʻzladi.
— Oʻrtogʻingizga ayting, shu hujrasini bizdan ayamasin. Shu yerda tinchgina yashaylik!

Yoʻlchi kulib boshini qimirlatdi. Lekin birdan qizning yuzini qaygʻoʻ koʻlkasi bosdi:
— Yoʻq, oʻrtogʻingiz hujrasini bizdan ayamas, lekin boshqalar bizga hech nimani ravo koʻrmaydilar. Oʻz koʻnglimizda va oʻzimizniki boʻlgan ishqni ham yulib tashlamoqchilar...

Yoʻlchi uning fikriga qoʻshildi. Soʻngra Toshkent kabi katta shaharning bironta burchagida ular xavfsiz tura olmasliklarini, agar Gulnor chindan istasa, u vaqt tezroq harakat qilib, bu yerlardan uzoqlashish lozimligini soʻzladi. Gulnor Yoʻlchining koʻzlariga boqib kuldi va dadil javob berdi:
— Siz qaerni xohlasangia, oʻsha yer menga yaxshi koʻrinadi. Mana bu hujraga boshlab keldingiz, menga juda yoqdi... Endi uyga qaytish yoʻq. Mirzakarimboy burnini tishlab qolsin!

Ikkovlari ham uzoq kulishdi.
— Men oʻz qishlogʻimni moʻljallagan edim,— dedi Yoʻlchi jiddiy,— toʻgʻri, u yerda hozir uy-joyimiz yoʻq. Qoʻshnimiz onamni koʻmishga, ma’rakasiga pul sarf qilgan ekan; toʻlash kerak, albatta. Men uyni bir yuz yigirma soʻmga sotdim. Juda arzon... Ammo, qarzdan qutuldim. Singlimga kiyim qilib berdim. Yonimda yana oʻttiz soʻmcha qoldi. Ammo, qishloq oʻsib-ungan yurtim. Albatta, joysiz qolmasmiz, sogʻ boʻlsak, tirikchilikni ham yoʻlga solarmiz. Ammo, Gulnor, siz yaxshi oʻylang, ixtiyor sizda. Gulnor Yoʻlchining soʻzlarini diqqat bilan tingladi, hassos qizning xayoli mehnat-mashaqqat bilan toʻla, lekin sodda, tinch qishloq hayotini jonli ranglar bilan chizib, koʻz oldidan bir-bir oʻtkazdi, u birdan oʻzini togʻlar, suvlar orasida sezdi, Yoʻlchining fikrini ma’qulladi, yana unga dalda berish uchun dedi:
— Hamma vaqt qishloqda yashaymiz. Siz ishlaysiz, men ishlayman. Doʻppi tikishni yaxshi bilaman. Erkak, xotin, bala-chaqa — hammasining kiyimlarini tikaman. Mahallada meni chevar qiz deyishadi.— U bu soʻzlarni yarim hazil, yarim iftixor bilan kulib aytdi.— Singlingiz bagʻrimda boʻladi. Uh, men uni koʻrishni shunday orzu qilamanki...

Yoʻlchi uning soʻzlarini tinglarkan, kelajak umri, orzulari, umid va xayollari bir parcha dogʻsiz, tutash nur ichida koʻrinib ketdi. U qizga yaqin oʻtirdi, uning qop-qora quyuq sochlarini siladi, qiz boshini uning koʻksiga qoʻyib, hazin tovush bilan oʻz-oʻziga soʻzladi:
— Oyim bechora qoladi, yolgʻiz bolasidan ayriladi, oʻlikmi-tirikmi ekanimni bilmay qoladi... Yoʻq, u oʻladi, bunday gʻamni koʻtara olmas! Bir koʻrsam, bir quchoqlasam...
— Gulsum xolamni koʻrishingiz kerak edi-da, lekin... qaydam...— Yoʻlchi jim boʻldi.
— Yoʻq,— boshini yigit koʻkragidan uzmasdan gapirdi,—dadam bilib qoladi. Yaxshisi, bunday qiling. El yotar paytida Qoratoy akanikiga borib, mana bu paranji bilan choriqni egasiga qaytarish uchun unga topshirib, boshqa paranji, kavush olib keltiraman degandingiz hali. Biz bugun saharda joʻnaymiz, shundaymi? Qoratoy aka ertaga kechqurun xotinini bir bahona bilan biznikiga yuborsin; u tirikligimni, siz bilan bir yoqqa qochganligimni sekingina oyimga soʻzlasin. U vaqt balki gʻami, hasrati ozayar, nima deysiz?

Yoʻlchi qizning bunday tuygʻunligi va fidokorligiga qanday baho berishni, qanday qilib oʻzining chuqur tashakkurini bildirishni bilmay qoldi. Gulnorning goʻzal boshini oʻz koʻksida quchdi, muhabbati butun yigitlik gʻururi va otashi bilan unga tikildi-da, fikrini juda ma’qul koʻrganini ham qishloqda tinchlanib olgach, tezda shaharga qaytib xoʻjayindan haqini talab qilishni, singlisi bilan birga, mumkin boʻlsa, uning onasi Gulsumbibini ham aravaga solib, qishloqqa olib borishni istaganini aytdi.

Dahshatli kechinmalar bilan, qaygʻu bilan charchagan qizning koʻzlari yumila boshladi. Yoʻlchi uning boshini kir yostiqqa ohista qoʻydi. Ustiga koʻrpa tashladi, nash'ali hislar, yorqin umidlar bilan yuragi lim toʻlgan holda ancha vaqtgacha yoriga termulib oʻtirdi. Keyin shamni tokchaga olib qoʻydi, tashqariga chiqib, hujra eshkgini sekingina yopdi.

Vaqt xuftondan oʻtgan, juvozxonada chiroq koʻrindi, Shoqosim kechalik ishni bajaradi. Yoʻlchi u yerga borib ostonada eshikka suyaldi, juvozxonaning bir chekkasida devor katakchasiga qoʻyilgan, shishasi kirlangan kichkina lampaning nurida narsalar gʻira-shira koʻzga chalinar edi. Juvozxona ichidan tezak, shiptir, moy va kunjara hidlaridai birikkan allaqanday qoʻlansa hid Yoʻlchining dimogʻiga darrov urdi; pastda ikkita ot ohista, lekin bir tekis yurish bilan gir-gir aylanadi, oyoqlari ostida goʻdaklar «bekinmachoq» oʻynasa, dumini qimirlatmaydigan bu yuvosh va mehnatda chaqilgan otlarning koʻzlari nim qorongʻilikda allaqanday gʻazab bilan yonganday koʻrindi Yoʻlchiga. Otlar bilan birga Shoqosim ham ohista aylanib, uzun qamchini otlar ustida yuvosh silkib qoʻyadi. Bu ishda odam bilan ot orasida farq yoʻq. Ikkisi ham gir-gir aylanadi, baravar ishlaydi. Kecha-kunduz qoʻlansa havo, qorongʻida gir-gir aylanish!.. Lekin odamda javobgarlik bor, xoʻjaynn moyni yaxshi chiqarishni buyuradi. Yana shu odam otlarni ham boqadi. Bir ozdan soʻng Shoqosim otlarni toʻxtatib, Yoʻlchiga qichqirdi:
— Tushuntir mundoq, oʻzi nima gap? Yangi kiyim kiygan yetimchaday, koʻzlaring taka-puka, yurishlaring inchunin bejo?

Yoʻlchi u yoq-bu yoqqa shubhali nazar tashlab, keyin Shoqosimni ishdan qoʻymaslik uchun, ikki-uch minutda voqeani soʻzlab berdi. Qiziq choʻpchak tinglagan boladay, Shoqosimning ogʻzi ochilib qoldi. Yana juvozni yuritib, otlarning dukuri, juvozning gʻijirlashi ichida qichkirdi:
— Qaddingni ur, yulduzlaring juft tushgan boʻlsa-chi, odam bolasi senlarni ajrata olmaydi!

Soʻngra gir-gir aylanib, u oʻz turmushidan shikoyat qila boshladi.

Xoʻjayinlar toifasida insof yoʻqligidan, kunjara yeb, kesak hidlab yashashdan, birovga farzandlikka bergan oʻgʻlini koʻrib kelishga ham vaqt topa olmaganidan, umuman, yarali koʻngilning dodidan bir-bir bahs ochdi. Yoʻlchining koʻngli quvonch bilan toʻla edi, chunki yori oʻz yonida va xoʻjayinlarning boʻyinturugʻini oʻz boʻynida sezmas edi. Lekin Shoqosimning soʻzlari uning erkin yuragini timdaladi. U yupatuvchi soʻzlar bilan doʻstini umidlantirishni istamadi, toʻgʻri yoʻl koʻrsatishga tirishdi.
— Juvozxonada vaysab yigʻlashdan nima foyda? Boshqalar sizni xoʻrlasa, siz xoʻrlanmang, yana koʻproq yengilmang, qadri qiymatingizni biling. Men sizni bilaman, siz bunday qilmaysiz, xoʻjayin kamsitsa, soʻksa, gʻazabingiz oʻt olmaydi, yana pasayasiz. Bu yomon!

Shoqosim uning soʻzlarini yaxshi eshitmadimi, yo ahamiyat bermadimi, indamay otini aylantiraverdi.

Yoʻlchi hovli oʻrtasida toʻxtab, osmonga qaradi. Tim qorongʻilik ichida uzoqdan yulduzlar jimir-jimir koʻz qisar edi. Hulkarga boqib, Qoratoynikiga borishga hali vaqt erta ekanini bildi. Hujra eshigini ehtiyot bilan ochib kirdi. Koʻrpaning uchini koʻtarib, qizning yuziga qaradi. U uyquda. Faqat nafas olishi bir qadar qisqa va keskinroq koʻrindi. Yoʻlchi hech nima gumon qilmadi. Gulnorning ustini yaxshilab oʻradi-da, uning oyogʻida, devorga suyalib oʻtirdi. Eson-omon bu yerdan qochishni, shahardan chiqqach, qishloqqa qatnovchi aravalardan biriga oʻtirishni, Gulnorga qalinroq kiyimlarni Qoratoy topa oladimi, yoʻqmi — shuning singari oʻylarga berildi. Yormatni, aynnqsa Gulsumbibini oʻylab, ularga achindi. Gulnorga boqarkan, koʻkragini yigitlik gʻururi va jang, mojaro orqasida yoriga yetishgan oshiqning baxti qabartirdi. Bir muddatdan soʻng uning koʻzini ham uyqu qisa boshladi, koʻzlarini dam ochib, dam yumib, uyquga qarshilik qoʻrsatdi, barmoqlari bilan ishqaladi, nihoyat, oʻtirgan holda, yarim uyqu, yarim xayol bilan boshini egdi, sekin-sekin kipriklarini yopishtirdi.

Qandaydir, ingrashmi, alahlashmi Yoʻlchining qulogʻiga kirdi, seskanib koʻzini ochdi. Tokchada sham tagigacha yonib oʻchayozgan. «Xiyla vaqt oʻtibdi!» deb oʻyladi u. Tokchalarni timirskilab, yangi sham topib yoqdi, shamni qoʻlida ushlab Gulnorning boshida choʻqqaydi. Koʻrpa Gulnorning koʻkragida, yuzi boʻrtib, taram-taram qizargan; burnining kataklari qisilgan, harsillashi avvalgidan zoʻrroq. Yoʻlchining butun badanini, tomirlarini izgʻirin yalaganday boʻldi. U bir qoʻlini qizning peshanasiga qoʻydi: naq olovday... Yoʻlchi «uh» tortib, chuqur mehr bilan, butun vujudini ezgan alam bilan silarkan, Gulnorning koʻzlari allaqanday xasta yorqinlik bilan ochilib ketdi, uyalgan kabi, koʻrpani tortib, koʻkragini yopdi va Yoʻlchiga tikildi.
— Nima qildi, jonim?— soʻradi Yoʻlchi, lekin «betobmisiz?» deyishga tili bormadi. Quruq lablarini bazoʻr qimirlatib, harsillab dedi Gulnor:
— Uh... badanim yonib boradi...
— Shamollagansiz, xafa boʻlmang, oʻtib ketadi.
— Qattiq shamolladim,—past ovoz bilan dedi qiz,— man ertalab sezgan edim, haligi yerda, oti nima, uyi juda sovuq edi, egnimda yupqa nimcha. Qanday joʻnaymiz? Siz narsalarni tayyorladingizmi? Bilmadim, shu ahvolda qishloqqa yota olarmikinman?
— Tanangizda ogʻriq bormi?
— Butun badanim zirqirab ogʻriydi, endi juda kuchaydi ogʻriq. Uh taqdir qurgʻur har damda bizni qoqiltiradi. Nima qilamiz?— dedi-da, Gulnor koʻrpadan qoʻlini chiqarib Yoʻlchining qoʻlini ushladi. Yoʻlchi uning yongan qoʻlini yumshoqqina siqib oʻpdi va butun borligi bilan xoʻrsinib dedi:
— Gulnor, sizga sogʻliq keraq. Hech nimani oʻylamang, tinchib hordiq chiqaring. Agar dunyoning narigi burchiga sizni opichib borishga toʻgʻri kelsaydi, men sevina-sevina bajarardim. Ammo, shu holatda... yana oʻzingiz bilasiz. Yo tonggacha arava topib kelaymi? Ammo, dalada shamol kuchli boʻladi, ayniqsa shu kezlarda.
— Sizni qiynab qoʻyaman. Toʻgʻri, qiynalasiz. Ruhim picha yengil tortsin. Qilcha darmonim yoʻq. Ular sezmasmikan?—Gulnor goʻyo oʻzini jasoratsizlikda ayblagan va oʻz ahvolidan umidsizlangan, oʻksingan kabi, koʻzlari yosh bilan toʻldi, tomchilar uning yonib boʻrtgan yuziga yumalanaverdi.

Yoʻlchi shamni qizning tepasidagi tokchaga oʻrnatdi, keyin roʻmolcha bilan uning koʻz yoshlarini avaylab artib dedi:
— Yigʻlamang, yigʻlamang, ruhingiz yengillashsin.
— Toʻxtata olmayman, oʻzi quyulaveradi. Yoʻlchi aka, nima uchun ular bizni qiynaydilar, nega u boyni, u boyvachchalarni yer yutmaydi! Nega muncha zoʻrlik, jabr?
— Yer yutadi, yutmasa agar, zoʻrlab nigʻizlab yuttiramiz!—Yoʻlchi mushtumini yerga tirab javob berdi.

Gulnor chuqur sadoqat ifoda etgan koʻzlari bilan yigitga qaradi, haroratli qoʻllari bilan uning yuzini siladi. Goh tinchib, goh qiynalib yotdi. Ammo, bir zum boʻlsin, koʻzlarini Yoʻlchidan uzmadi.

Eshik taqirladi. Yoʻlchi avval shubhalanib, tirqichdan qarab, Shoqosimning tovushini eshitgach, ochdi.
— Avji ketish payti, bir ozdan keyin tong otadi. Men bedaxonada uyquni urdim, oshiq-ma’shuqni kuzatib qoʻyay, deb chiqdim.— Sovuqdan qaltirab, tishlarini shaqillatib, dedi Shoqosim.

Yoʻlchi gʻamgin tovush bilan qizning notobligini tushuntirdi. Shoqosim yelkasini qisib, bir lahza jim turib qoldi. Keyin Yoʻlchining qoʻlidan ushlab, boshini tebrata-tebrata gapirdi:
— Shuncha azob, shuncha tashvish koʻrgan qiz, albatta, kasalga chalinadi-da. Qiz monand nozik boʻladi. Issigʻi baland dedingmi? Chatoq-ku...
— Kuyib-yonib yotibdi. Uh, birpasda kasalga chalindi-ya. Turishga majoli yoʻq,— Yoʻlchi koʻkka qarab, soʻng davom ettirdi soʻzini,— hayronman, Shoqosim aka, Yormatlar, xoʻjayinlar izimizga tushmasmikan?
— Qanday ketasan, qaerga borasan? Zanbilga solasanmi! Shu hujraga qamalinglar. Kunduzi nafas chiqarmaysanlar. Xoʻjayinning, bola-chaqalarining koʻzini shamgʻalat qilib, men oʻzim xabar olib turaman. Kir ichkari. Ha, eshikni uchta chertaman, shunda ochasan. Ertalab doru darmon ham topib beraman. Shamollagan, tumov. Shundaymi? Boʻpti.

Yoʻlchi unga Qoratoyning uyini va doʻkonxonasini tushuntirdi, ertaga unga uchrashib, ahvolni bildirishni oʻtindi. Shoqosim «Xoʻp» deb otxona tomonga ketdi. Yoʻlchi hujraga kirdi. Naq shu paytda Shoqosimning xoʻjayini Parpixoʻja yogʻchi ichkari hovlidan chiqib,odatdagicha, «oʻhu, oʻhu» bilan «yo Ollo! Yo qoziyilhojat!» «Yakkasan, yagonasan!» kabi soʻzlarni aralashtirib, hovlida yura boshladi.

Bu kishi har kun sahar turib, tahoratdan keyin ichki-tashqi hovli orasida tentib yurishni, oxurdan toʻkilgan choʻplarni qorongʻida turtinib terishni, qorongʻida ham kunduzgi kabi har narsaga razm solib, koʻzdan kechirishii yaxshi koʻrar edi. U otxonaga borgach, Shoqosim qichqirdi:
— Xoʻjayin, bugun picha ertaroq uygʻonibsiz?— Parpixoʻja yogʻchi javob berish oʻrniga, choʻzibgina: «Yo Ollo!» dedi va otlar orasida turtinib, choʻp-xashak qidira boshladi. Shoqosim hazillashdi:
— Har kun saharda ming marta «Ollo!» deysiz, biron marta «ha» deganini eshitdingizmi?

Parpixoʻja yogʻchi javob berdi jiddiy ravishda:
— Astoydil munojaat qilsang, Ollo taolo «ha» demaydi, «labbay» deydi. Lekin buni eshitmaysan, koʻrasan, ya’ni u oʻz ne’matlarini bu dunyoda ham, u dunyoda ham koʻrsatadi...
— Boʻlmasa,— dedi Shoqosim kulib,— menga sira «labbay» demaydi-da. Nega deng, hech qanday ne’matini koʻrganim yoʻq.
— Noshukurchilik qilma. Shuning uchun chiqargan yogʻingda baraka yoʻq!— jerkidi yogʻchi va bir oz sukut qilgandan soʻng,— Ollo deyaver, u dunyoda moʻl-koʻl ne’matlarini koʻrsatadi,— dedi.
— Jilla boʻlmasa, yarmini bu dunyoda koʻrsatsa edi, qoyil qolardim,— dedi Shoqosim.
— Kalima keltir, betovfiq! Bu besh kunlik dunyoning loyqa suvini nima qilasan, jannatdagi hovzi kavsarni oʻyla, ablah!
— Ertaga dumba moydan bu kungi shalxak yaxshi, xoʻjayin!—Parpixoʻja yogʻchi «bas», dedi-da, chol boʻlmasa ham, chollar kabi ikki qoʻlini orqa beliga qoʻyib, bir oz munkayib, ichkari uyga kirib ketdi.

Oʻn uchinchi bob

I

Jondor vagonchinikida «bazmi Jamshidiy» qurganlar kechga yaqin mastlikdan oʻlikday choʻzilib qolishgan edi. Tantibonvachcha yarim kechada koʻzini ochdi, xumday ogʻir boshida qattiq ogʻriq sezdi. Tomoq qaqraganlikdan, oʻqchib-oʻqchib oʻrnidan bazoʻr turdi. Gandiraklab yurar ekan, uy oʻrtasida qotib yotgan Jondorboyga qoqilib yiqildn. Oʻzinimi, boshqanimi soʻka-soʻka uyga joʻnadi.

Uyida bir choynak achchiq sovuq choyni simirib, peshanasini panjasi bilan siqarkan, kechqurun Gulnorga borishga vagonchi bilan ahd qilishganligi yodiga tushdi: «Ha, qushim qafasda, ertaga borarmiz, oʻzi ham yuvosh boʻlib qolsa kerak», deb oʻyladi.

Ertasi atrof qorayarkan, Jondor vagonchini oʻz pinjiga olib «suhbat»ga joʻnadi.

Ostonada Qora Ahmadning gavdasi qoraydi.
— Kelinglar, akalar!— Qora Ahmad koʻrishmoq uchun qoʻlini choʻzdi, lekin ular qorongʻida buni sezishmadi.
— Biz senikiga mehmon boʻlib keldik. Bu kishi doʻstim Jondor vagonchi,— dedi Tantiboyvachcha.
— Juda soz,— poʻngʻilladi-da, Qora Ahmad jim turaverdi. Tantiboyvachcha unga yaqinlashib shivirladi:
— Qiz bilan koʻngil ochish uchun keldik, Qoram. Sanga oʻrgatgulik gap yoʻq-ku.
— Bir hangama-de, polvon yigit!— doʻstining soʻzini quvvatladi Jondor vagonchi.

Qora Ahmad jahl bilan dedi:
— Bu yer undoq emas-ku, boyvachcha akalar! Bizga nimani buyurgan edinglar? Qizni olib qochish, ham bir qancha vaqt isini chiqarmay saqlash, shundaymi?
— Shunday. Xoʻsh, gapim qattiq tegdimi sanga? Unday boʻlsa...
— Poʻskallasini aytaymi,— Tantining soʻzini kesdi Qora Ahmad,— man qizni saqlay olmadim. Kecha qoʻlimdan uchdi u. Bilmayman, hozir qaysi bogʻda, qaysi togʻda...

Tantiboyvachchaniig yuragi zir etib ketdi. Asabiylanib, oʻzgargan tovush bilan bobilladi:
— Aljirama, Ahmad, toʻgʻri soʻzla. Dev poylagan tilsimdan uni qaysi mard olib ketadi! Yana man sanga, ehtiyot boʻl, ishning tagi nozik demaganmidim? Be...
— Ishonmasangiz, kirib axtaring,— dedi dagʻallik bilan Qora Ahmad,— boshqa gumoningiz boʻlsa, axir bir kun uchini bilib qolarsiz...

Tantining nafasi ichiga tushdi. Peshanasini qashidi. Jondorga tikilib bir nima demoqchi boʻldi, ammo soʻz topolmadi. Gʻazablanib Qora Ahmaddan soʻradi:
— Kim ekan u sanga bas kelgan yigit?
— Bir yigit-da,— Qora Ahmad Yoʻlchini ta’riflashni nechundir istamasdan, davom etdi soʻzida,— mazmuni, ikkovi ilgaridan don olishib yurgan ekan.— Qora Ahmad kecha u yigit bilan ancha olishganini aytsa-da, yengilgani toʻgʻrisida. yigitning kuchi toʻgʻrisida hech nima demadi. (Bular bilan qorongʻida soʻzlashganiga ichidan sevindi. Aks holda, koʻkarib shishgan basharasi chapanining izzat-nafsini soʻndirgan boʻlar edi!) Ortiqcha shov-shuv koʻtarilsa, javobgarlikka tortilib, qamalishdan qoʻrqqanligini va shu sababdan ilojsiz qolganini bahona qildi. Tantiboyvachcha jahldan qaltiradi. Birinchidan, ishning tubi ochilishidan vahimaga tushdi; ikkinchidan, Jondor vagonchi kabi doʻstini gʻoyat quvontirgan «ajoyib tansiq oʻtirish» va’dasining bunday puch, bunday ishkal boʻlib chiqqanligidan uyaldi. Qizni olib qochganda ehtiyotsizlikda, boʻshanglikda Qora Ahmadni aybladi. Koyidi. Ammo ishni bajarishdan avval, birmuncha naqd aqchani sanab olgan Qora Ahmad, endi boyvachchadan tap tortmadi, chapanicha dagʻallik va kinoya bilan javob qaytardi:
— Boyvachcha aka, bundaqa ishni buyurmang, buyursangiz agar, ketidan pachavasi chiqmasligi uchun, doʻppini yerga qoʻyib xoʻp oʻylab koʻring oldin... Biz chumchuqning iniga qoʻl tiqmadik, qoʻrgʻonday hovlidan butun boshli odamni olib chiqdik, shunday shahri azimda aravada keltirdik. Ayb sizlarda, koʻzni loʻq qilib, tilni soqov qilmagansizlar...

Qora Ahamadning soʻzlari Tantiboyvachchaga qattiq toʻqindi. U bilan xayrlashmasdan, vagonchining orqasidan sekingina joʻnadi. Yoʻlda ikki doʻst «churq» etishmadi. Vagonchi sovuqqina xayrlashib, oʻz mahallasiga qayrilarkan, Tantiboyvachcha bir muddat qorongʻi koʻcha oʻrtasida turib qoldi. Papirosni tutatib: «Qiz bilan don olishgan yigit kim? Pardani kim ochdi?» degan savollarga javob topolmay, Salimboyvachchanikiga yugurdi.

II

Ertalab Shoqosim bir parcha eski qogʻozga oʻralgan xushboʻy, qandaydir, bir oʻsimlikning qovjiroq gulini keltirib, qaynoq suvda ezib qizga ichirishni buyurgan edi. Yoʻlchi bu dorini ikki marta tayyorlab berdi. Kechga yaqin Gulnorning ruhi ancha yengillashdi, issigʻi ozaydi, nafas olishi ham asta-asta durustlashdi. Shoqosim qaerdadir pishirib bergan serqatiq xoʻrda oshdan u yarim kosa ichdi. Uning yuziga yana tabassum yoyildi. Yoʻlchi bilan suhbatlashib yotdi. Ikki sevguvchi qalbning orzulari, oʻylari, qarashlari har masalada gʻoyat mos kelar, ularning sevgi va sadoqatlarini yana kuchliroq alangalatar edi. Gulnor oʻzida zarra qadar kuch sezmasa ham, xavf-xatardan qutulish uchun bu kecha, bu yerni, albatta, tark qilish zarurligini uqtirdi. Bunga uzil-kesil qaror qilishgach, Shoqosimni ishdan uzib, xoʻjayindan gap tegdirmaslik uchun, arava-ulov axtarish va mumkin boʻlsa, Qoratoyga uchrashishga Yoʻlchi oʻzi bormoqchi boʻldi. Gulnor e’tiroz qilmadi. Lekin, uni kuzatarkan, «uzoq yurmang, ehtiyot boʻling» deb yalindi.

Yoʻlchi ertasiga Qoratoyga uchrashgani Shoqosimni yubormay, oʻzi ketdi.

Yoʻlchining ketganiga bir soat qadar boʻlgan edi. Gulnor koʻrkam sochlarini tuzatib, shamdan koʻzini olmay, allaqanday sirli, lekin ruhni toʻlqinlatmay, balki unga orom beruvchi, chiroyli tush kabi yengil va totli kechinmalarga, oʻylarga berilib oʻtirdi. Eshik toʻsatdan qattiq itarildi. Uzoqda Shoqosimning kim bilandir xirillashgani eshitildi, Gulnor «eh» deb boshini devorga urib oldi, bir onda vujudini titroq bosdi, nafasi kesilib, koʻz oldi qoraydi. Tashqarida endi kuchaygan tovushlar uning qulogʻiga ma’nosiz bir gʻuvillash boʻlib yetdi.
— Och eshikni!

Eshik qarsillab, haligi xitob bir necha marta takrorlangandan soʻng, Gulnor quruq, titroq lablari bilan gʻayri shuuriy ravishda: «Nima, kimsiz?» deya bildi, ammo u turgan joydan qimirlashga ojiz qoldi.
— Man, man! Dardingda kuygan dadangman! Gulnor oʻz dadasining tovushini bazoʻr ayira bildi.

Kuchli sarosima bilan yalindi:
— Dadammi? Dadajon, Yoʻlchi kelsin, keyin... Eshik orqasida birdan jimjitlik sezildi. Gʻam, qoʻrquv titrogʻi bilan ezilgan Gulnor koʻrpaga oʻralib oʻyladi: «Nega kecha qochmadim? Yoʻlchini koʻchada yoqalagan boʻlsalar kerak, nega anov boyvachchalarni, anov muttahamlarni boʻgʻmaydilar? Menda nima gunoh, Yoʻlchida nima gunoh? Aybimiz, gunohnmiz muhbbati mizmi?»
— Oching, qizim!—birdan yot erkak ovozi eshitildi.— Yoʻlchini ham chaqiramiz. Dadangiz siz bilan ikki ogʻiz soʻzlashib, fikringizni bilmoqchi. Aqlli, nomusli qiz oʻz dadasining soʻzini hech vaqt qaytarmaydi. Agar soʻzga quloq solmasangiz, oyim qiz, u vaqtda dadangiz eshikni bir tepadi-da, kiradi. Bu yaxshi boʻladimi? yoʻq!
— Qizim, dadang, enang hasratingda kuyib bitdi. Bizni oʻldirishga qasd qilganmisan? Gapir!— Yigʻi aralash soʻzladi Yormat.

Bu soʻz Gulnorga qattiq ta’sir koʻrsatdi. Koʻz yoshlari beixtiyor quyulib ketdi. U oʻrnidan turdi, majolsiz oyoqlari bilan bazoʻr yurib, eshikning zanjirini tushirdi, yana kalavlanib oʻz joyiga oʻtirdi. Yormat kirib eshikni yopdi. Qizining oldiga tiz choʻkib, yuziga tikildi, peshanasidan asta siladi. Koʻz yoshlari hasratdan bujmaygan yuzlaridan va soqollaridan moʻl-moʻl oqaverdi. Halqumini boʻgʻgan yigʻidan qiynalib bazoʻr gapirdi:
— Alhamdulillo, koʻrdim, tirik ekansan, noqobil bolam. Aftingga qara, oʻsha Gulnormisan, tanib boʻlmaydi!
— Kecha ogʻrib qoldim, dada,— boshini quyi solgan holda javob berdi Gulnor.
— Oʻsha haromi Yoʻlchi tufaylidan shuncha azob chekasanmn, qizim? Qani u haromi, qani juvonmarg? Oʻxshatib jazosini beray hali man uni...
— Shoshmang, dada,— Gulnor uning soʻzini kesib qichqirdi,— nega Yoʻlchiga jazo berasiz, unda hech gunoh yoʻq. Unga rahmat deng. U mani oʻlimdai qutqardi. Mard ekansiz, bonvachchalarga jazo bering, ularni sharmanda qiling!
— Axir, kim sani yoʻldan adashtirdi, kim sani bu holga soldi? U emasmi!—qoʻlini paxsa qilib qichqirdi Yormat.

Naq shu vaqtda tashqaridan yot erkak ovozi yangradi: — Yormat, man kirmoqchiman!
— Pana boʻl!— qiziga buyurdi Yormat.

Gulnor koʻrpaning bir chekkasini boshiga tortib yashirindi.

Olimxon ellik boshi hujraga kirdi, jirkangan nazar bilan u hujradagi narsalarni koʻzdan kechirib, Gulnordan pastda, devorga suyalib choʻqqaydi. Keyin sip-silliq soqolini silab, xoʻmraydi.
— Yormat, bu yerda soʻzni chuvaltirma. Qizingni avrab uydan qochirgan odam Yoʻlchi shayton ekani ma’lum boʻldi. Endi maslahat shuki, qizingni yetaklab, tezroq uyingga joʻna. Yoʻlchi mendan qochib qutulolmaydi. Uning jazosini san emas, man beraman!.. Turing, qizim,— ellik boshining tovushi birdan muloyimlashdi,— ota-onaning boshini bukmang. Yoshlikdan, qisqa oʻylaganlikdan u bechoralarni ancha tashvishga soldingiz. Biz bu galcha kechiramiz. Uyga boring, ota-ona oyogʻiga bosh qoʻying, ulardan rozilik oling!
— Tayyorlan, qizim. Sanga yurt otasi ellik boshimiz gapiradilar. El orasida mani sharmanda qilma, yolgʻiz qizimsan, ayab turibman...— keyingi soʻzlarni Yormat zarda bilan aytdi.

Gulnor bu yot kishining ellik boshi ekanini bilgach, gʻazabi shiddatlandi. Uning oldida hamma gapni ochib tashlab, Yoʻlchini oqlashga jazm qildi. Nafasini rostlab, koʻrpa orasidan:
— Ellik boshi sizmi?—dedi piching bilan joʻrttaga Gulnor,— ikki ogʻiz arzimni eshitasizmi?
— Gapiring,— istamasdan javob berdi Olimxon. Gulnor hamma oʻtgan voqeani hayajon bilan, lekin dadil soʻzlab, hali bitirgani yoʻq edi, Yormat oʻrnidan sachrab turib qichqirdi:
— Rostmi? Man u boyvachchalarga nima yomonlik qilibman! Man hali...
— Jim!— koʻzlarini Yormatga olaytirib qichqirdi ellik boshi.— Xumkalla! Shariat yoʻlidan toygan qizning soʻziga ishonasanmi? Bari hiyla, bari ayyorlik, makr! Yurtning eng obroʻli odamlari boʻlgan Salim, Tantiboyvachchalarga boʻhton agʻdarishga yoʻl qoʻymayman. Chunki ular olijanob odamlar, ularning dilida tariqcha dogʻ yoʻq. Bilaman, anov oʻgʻri yigitlar — Yoʻlchining sheriklari boʻladi. Boyvachchalar nima sababdan qiz qochiradilar, ularga bundan nima foyda? Boʻhtonning ham epi boʻladi-da!
— Yolgʻon!— jahl bilan qichqirdi Gulior,— Yoʻlchi hech gunohkor emas, taqsir. Mani qutqargandan keyin, qaerga borasiz, deb mandan soʻradi. Uyga qaytmayman, boshqa yerga boramiz, dedim. U mani shu joyga keltirdi. Biz birga tirikchilik qilishga ahd qilganmiz, buni hech kimdan yashirmayman.

Ellik boshi qovogʻini solib, bir oz oʻyladi, qizning irodasini sindirish uchun doʻq, tahdidni kuchaytirishdan boshqa chora topolmadi:
— Qizim,— Gulnorga murojaat qildi u,— yaxshilikcha uyga joʻnaysizmi, yoʻqmi?
— Bormayman, Sizlar topgan erga tegmayman, undan koʻra oʻlim yaxshi manga,— qagʼiy javob berdi Gulnor.
— Shariatimizni oyoq ostiga olib tepmang,— boʻgʻilib gapirdi ellik boshi,— man sizni ayab turibman, soʻzimni tinglamasangiz, xalq orasida sizni toshboʻron qildiraman. Boshqa qizlarimizga, pokiza ayollarimizga ibrat boʻlsin. Shariatimizning buyrugʻi ham shu. Oʻzboshimcha qizga marhamat yoʻq!
— Mayli!—deb qichqirdi Gulnor.
— Yormat, odammisan, otamisan!— deb baqirdi ellik boshi,— Oʻl, kesak! Yelkaga ort qizingni!—dedi-da, oʻzi tashqariga chiqib, eshikni «qars» yopdi, hovli oʻrtasida notinchlanib yura boshladi, koʻchaga ham bir-ikki topqir chiqib keldi. Soʻngra, Parpi yogʻchi bilan bir chetda qaqqayib shivirlashdi. Hujra eshigi ochildi. Yormat qizni surgabmi, qoʻltiqlabmi, olib chiqdi, qiz nima yopinganini Olimxon qorongʻida koʻrmadi. Faqat qiz, kimnidir qargʻar, «oʻldiringlar!» deb hoʻng-hoʻng yigʻlar edi. Ular qorongʻida koʻzdan yoʻqolgach, ellik boshi birdan gʻolib, kibrli vaziyat oldi va Parpixoʻja yogʻchiga soʻzladi:
— Koʻrdingizmi, noqobil farzand. Man uni yurtning katta boyiga unashtirsam, nodon qiz bir yalangoyoq bilan qochibdi, kulib turgan baxtiga yuzni teskari burish — bu qanday nonkoʻrlik! Rahmat sizga, musulmon komil odam ekansiz. Biz qaydan bilar edik, boshlari oqqan tomonga qochardi ketardi. Lekin gap shu yerda qolsin, durustmi?— Ellik boshi qorongʻi koʻchaga chiqdi. Parpixoʻja yogʻchi uning pinjiga tiqilib, ancha yergacha sekin-sekin soʻzlab bordi:
— Mahallamning birmuncha obroʻli odamiman, Olimxon aka. Alhamdulillo, shu vaqtgacha nomimga dogʻ tegdirgan emasman. Uyimga qiz qochirib kelishga kimning haddi bor? Bunga chidab boʻladimi? Alhamdulillo, musulmonman. Sezgan zamon tepa sochim tikka boʻldi. Man Yoʻlchini durust yigit deb oʻylardim. Boyning mollariga kunjara olardi, haligi xizmatkorlarim bilan ogʻayni edi. Endi bilsam, koʻp axloqsiz yigit ekan Yoʻlchi juvonmarg. Qanday payqading, deysizmi? Bunisi qiziq. Kecha xuftondan qaytsam, hujra eshigi tirqichidan yorugʻ koʻrindi. Haligi hoʻkizim juvozxonada. Iya dedim, sekin borib quloq soldim. Ayol ovozi... Gʻalati gaplar. Tirqichdan moʻraladim; Yoʻlchi ham yetuk bir qiz. Yana quloq soldim. Hamma sir manga ayon boʻldi. Qiz Yormatniki! Kechasi bilan yashirin poyladim. Keyin qiz notob boʻlib qoldi, bundan ham xabarim bor... Yormat eski mijozim ham chin musulmon odam. Kambagʻal boʻlsa ham, insofi bor, aqli bor, nomusi bor. Qancha yil mandan kunjara oldi. Darrov unga xabar bermoqchi boʻldim. Lekin, yana oʻylab, arqonni uzun tashlab qoʻyay, dedim. Bugun kunduz xabar berdim. Ammo kun qorayganda kel, man uydaman, hovliqmasang boʻladi, dedim. Nimaga? Kuppa-kunduzi eshigimda gʻalva zoʻraymasin dedim, toʻgʻrimi?.. Ha, barakalla. Mana ish silliq chiqdi. Haromi Yoʻlchi boʻlganda edi, bir toʻpolon yasardi aniq...

Parpixoʻja yogʻchi payloqchilik, chaqimchilik ishining muvaffaqiyatidan gʻururlanib, koʻz uchi, qulogʻi bilan toʻplagan ma’lumotini soʻzlab borarkan, ellik boshi uni toʻxtatdi.
— Xayr, rahmat,— qadamini tezlatdi.

U toʻgʻri kelib Mirzakarimboyga yoʻliqdi. Qiz bir oʻrtogʻinikiga oʻynagani borib, u yerdan bir oz uchinib-qoqinib kelgani uchun, nikohni yana uch-toʻrt kun keyinga surishga toʻgʻri kelganini soʻzladi, Zavq-safoni tezroq totishga intilgan Mirzakarimboy e’tiroz qilsa ham, nihoyat, qabulga majbur boʻldi. Olimxon qizning sarpasini ertagayoq Yormatnikiga chiqarishni ta’kidladi. Boy uni bir oz hangamalashib oʻtirishga qistasa ham, bir ishni bahona qilib koʻchaga chiqdi. Chunki Yormatga ba’zi gaplarni uqtirishni istadi: jumladan, qizning boyvachchalar haqida soʻzlaganlarini tamom ma’nosiz, «uydirma gaplar» ekanini isbot qilish va qizni qanday asrash toʻgʻrisida ba’zi choralar koʻrsatishni lozim topdi. Bundan boshqa, oʻz qoʻliga qoʻndirgan chiroyli qizdan ayrilgan Yoʻlchi achchiqlanib, mahallada biron toʻpolon koʻtarmasligi uchun, agar uning qorasi koʻrinsa, tezda bir chora koʻrish uchun, koʻchada yurishni zarur bildi, Boyning darvozasi oldida u yoq-bu yoqqa yurib, Yormatga qanday isbot qilishni oʻylarkan, boyning yoʻlagida oyoq tovushi eshitilib, odam koʻlkasi chiqdi.
— Salimjonmi?—dedi astagina Olimxon.
— Yoʻq, man.

Ellik boshi Tantiboyvachcha bilan uchrashganiga sevindi. Darrov uning qoʻltigʻiga kirib, bir necha qadam nari olib borib, toʻxtadi.
— Kelinimiz topildi, inim Mirishoq,— dedi shivirlab ellik boshi.

Tantiboyvachchaning nafasi ichiga tushib ketdi, lekin bu oʻngʻaysiz, chatoq ahvoldan qutulish uchun yana oʻzini bilmaslikka soldi va sekingina dedi:
— Qaerda ekan u daydi qiz?
— Boyvachcha,— kinoya bilan kulib shivirladi ellik boshi,— toʻgʻrisini aytaimi, sizlar bu ishni eplay olmadinglar. Bunday ishga, benihoyat uquv, chapdastlik, xoʻsh, yana muhokama va mohirlik kerak. Endi Salimjonga kirib ayting, bunday ishdan qoʻlini tiysin! Bu bir, soʻngra hovliqmasin, xafa boʻlmasin. Biz bu toʻgʻrida «churq» etib ogʻiz ochmaymiz. Aybni kimga oʻtkazishni bilamiz. Ammo maning yaxshiligimni unutmasin. Bu axir yomon gap...

Tantiboyvachcha indamay qoldi. Papirosni labiga qistirib, bir qancha gugurtni chaqa-chaqa bazoʻr yondirdi. Gugurt olovida ellik boshi uning yuzidagi sarosimani, titroqni koʻrib, zaharxanda qildi. Boyvachchalarning tuzogʻidan qizni Yoʻlchi ilib ketganligi va boshqalarni aytishni, oʻz mantiqiga koʻra, lozim topmadi. Taitiboyvachchaning bu haqdagi savollariga «bir chaqqon yigit» deb javob berdi.
— Olimxon aka,— dedi yalingan tovush bilan Tanti,— Salim oʻz dadasi bilan hazillashmoqchi boʻldi. Man ham, toʻgʻrisi, bu hazilni ma’qul koʻrdim. Xudo haqqi, bu narsa hazil edi. Ammo bir oz qoʻpol hazil boʻlib chiqdi. Salimni qizartish yaxshi emas. Soʻzingizda turing...
— Yaxshiligimni unutmasin, soʻz bitta!— deb ellik boshi Tantining qoʻlini qisdi.

Oʻn toʻrtinchi bob

I

Gulnor oʻz uyida ota-onaning tergovi ostida uch kun qamalgandan soʻng, Mirzakarimboyga uzatilganiga bir oyga yaqin boʻldi. Kelin ichki-tashqi dangʻillama hovlida, saroyday hashamatli, boy bezakli uylarda uni hech narsa qiziqtirmas, bu xonadonning odamlari ham, narsalari xam dushman, yot, sovuq koʻrinar edi. Yoʻlcha bilan bir kecha-kunduz birga yashadigi u hujra, Shoqosimning uvadalari bilan toʻla, qorongʻi tor hujra Gulnor uchun, garchi u yerda ming tahlika, qoʻrquv ostida qamalib oʻtirishga, nihoyat, tutilishga toʻgʻri kelgan boʻlsa ham, goʻzal, shirin tuygʻular, u yerda Yoʻlchi bilan kechirgan soatlar umrining eng mas'ud, eng unutilmas, eng yorqin damlari, umr tunida porlagan nodir yulduzlar edi.

Gulnor butun yuragi bilan Yoʻlchiga maftun, uning koʻksini baxtsiz sevgi hasrati va ayriliq lim-lim toʻldirgan. Uning xayolida yolgʻiz Yoʻlchigina uchadi, fikran u bilan soʻzlashadi, goʻyo yigit uning sochlarini silaydi, kuchli, keng koʻkragiga uning boshini olib erkaklaydi, ishq, yoshlik nuri toʻla koʻzlari bilan unga termuladi, goʻyo yuragidagi chin, yolqinli muhabbatni soʻz bilan ifoda qilolmay, boqishlari bilan bayon qiladi...

Bu dardli hayotda Gulnorga yagona baxt — Yoʻlchining singlisi Unsin boʻldi. Bu, oʻn besh-oʻn olti orasida boʻlgan, qoramtir, lekin toza, sogʻlom yuzli, koʻzlari bolalarcha oʻynoq — shoʻx, jingalak sochli, boʻychan, qishloqcha sodda, samimiy bir qiz edi. Gulnor uning burnini, peshanasini va ba’zi harakatlarini Yoʻlchiga oʻxshatdi. Oldi-keti bolalar bilan toʻlgan Tursunoy, Sharofatxon Unsinni choʻriga aylantirdilar. Qiz ularning bolalarini boqadi, kirlarini yuvadi, uy-joylarini yigʻishtiradi va har qanday yumushni soʻzsiz bajaradi. Unsinning xoʻrlanishi, ogʻir yumushlarni bajarishi Gulnorga qattiq ta’sir qildi. Kelinlarning achchiqlanganini sezsa ham, har vaqt Unsinni chaqirib, oʻz yonida uzoq olib oʻtirishga tirishadi. Gulnor qiz bilan gaplashganda uning qishlogʻi, uy-joy, tirikchiliklari, onasi — u bechora xotinning vafoti va shuning singari narsalar toʻgʻrisida soʻz ochar edi. Yoʻlchi toʻgʻrisidagi qizning soʻzlarini chuqur diqqat bilan, yurak toʻlqini bilan tinglar, ixtiyorsiz quyulib kelgan qaynoq koʻz yoshlarini, Gulnor ba’zan zoʻrgʻa yashirar, ba’zan yashirishdan ojiz qolar edi.

Hech nimadan xabarsiz Unsin, baʼzi vaqt: «Nega akamni koʻrmayman, togʻam qayoqqa yuborgan?» deb Gulnordan soʻraydi. Gulnor esa titraydi, qanday javob berishini bilmay, boshqa gapga chalgʻitadi. Ba’zan yuragi toshib, butun dardini, yaralarini Unsinga ochishni istaydi, lekin yetim qizni qaygʻuga botirishdan qoʻrqadi. Chunki qizga sevikli akasining baxtsizligi qattiq ta’sir qilishi Gulnorga ravshan edi.

Kechga yaqin. Qor shiddat bilan yogʻadi. Tumanlangan deraza oynalarida yirik qor parchalari oq kapalakday urinadi. Bolalar hovli sahnida qishning toza oq momigʻida yumalashib oʻynashadi. Gulnor bilan Unsin tanchada oʻtirib, bir-biriga mehribon egachi-singilday soʻzlasharkan, bolalardan biri yugurib keldi. Sovuqdan qizargan barmoqlarini ogʻziga tiqib, puflab Unsinga dedi:
— Yoʻlchi akam chaqiryapti, yoʻlakda.

Gulnor, goʻyo Yoʻlchi uni ham chaqirgan kabi, naq Unsin bilan baravar oʻrnidan sapchib turdi. Akasining daragini eshitib yuziga tabassum yoyilgan Unsin, yalt etib Gulnorga qaradi. Uning yuzida parishonlik, sarosima, koʻzlarida chuqur dard sezdi. Gulnorning gavdasi yuragida qoʻzgʻalgan hislar boʻronida nozik novda kabi qaltirar edi. Unsinning nash'asi uchqun kabi bir onda soʻndi. Gulnor esa oyoqda turishga ojiz, tinkasi qurigan bir xasta kabi, umidsizlik bilan yana sekingina oʻtirdi va taajjublangan qizga shivirladi:

— Тез чиқинг, акангиз...

Yoʻlchi bundan bir yarim oy ilgari kechqurun, oʻz hayot quyoshi Gulnorni Shoqosimning hujrasida qoldirib, ulov qidirishga ketgan edi, Qoratoyga yoʻliqdi, qiyinlik bilan bir aravani baylashdi, Gulnor uchun qalin kiyim, paranji, kavush topishni, aravani yarim kechada keltirishni Qoratoyga topshirib, oʻzi soat oʻnlarda qaytdi. U toʻppa-toʻgʻri hujraga otildi: «Gulnor, Gulnor!» deb qorongʻi hujrada oʻz yorini qidirdi, tovushiga yori javob bermagach, butun ichi qaltirab, juvozxonaga yugurdi, hayajonlanib Shoqosimni chaqirdi. Doʻsti ikki bukilib, qorongʻi juvozxonadan chiqarkan, uning ikki qoʻlini tutib, boʻgʻilib soʻradi: «Qiz qani? Nima boʻldi?» Shoqosim uzun bir «uh» tortib, butun fojeani — Yormat bir amaldor odam bilan toʻsatdan yetib kelib, eshikka yopishganligi, u qarshilik koʻrsatarkan, xoʻjayin uni urib koʻchaga sudraganligini, noiloj qolib, Yoʻlchi yo Qoratoyni topish uchun koʻchama-koʻcha yurganligi, nihoyat, qaytgach, bu yerda hech kim qolmaganini soʻzladi. Yoʻlchi otxona ustuniga suyalgancha yarim soat qadar jim qotdi. Soʻng, bu sirni Yormatga kim topshirishi mumkinligini soʻradi. Shoqosim «hamma baloni xoʻjayini Parpixoʻja yogʻchi, boshlab kelganini» taxmin qilganini shivirladi. Yoʻlchi, kimgadir, tahdid qilgan kabi, mushtumini siqib koʻchaga otildi.

Oʻsha kunlar unga yolgʻizgina gʻazab va kin hokim boʻldi. Kin va alam bilan sugʻorilgan fikrlari eng keskin choralarga, eng dahshatli mojarolarga undadi. Lekin ellik boshi Yoʻlchiningʻ iziga qorovul, hatto mirshab tushirganligidan xabardor boʻlgan va bu kunlarda urinishning foydasizligini yaxshi bilgan Qoratoy, Yoʻlchining tadbirlarini ma’qul koʻrmadi, har bir fikrining behuda ekanini tushuntirishga tirishdi.

U kunlardayoq Mirzakarimboy dargohidan tamom chekilgan Yoʻlchi bir oy har yerda darbadar kezib, bu kun singlisini koʻrgali kelgan edi.

Unsin xizmatkorxona eshigida magʻrur, lekin gʻamli, oʻychan holda turgan akasini koʻrish bilan yugurib borib, uni quchoqladi. yigit singlisining boshini silab, dardli tabassum bilan termildi:
— Aka, nimaga jim boʻlib ketdingiz? Tobingiz yoʻqmi? Ozibsiz-a... Man sizni juda sogʻindim. Har kun tushimda koʻraman...— dedi qiz.

Yoʻlchi singlisini xizmatkorxonaga olib kirdi. Ikkisi ham namatchaga oʻtirishdi. Bir necha minut soʻzlashgandan soʻng Yoʻlchi soʻradi:
— Unsin, bu oila qalay? Ketasanmi, yo bu yerda qola turasanmi?

Unsin javob bermadi, bir lahza oʻylagandan soʻng oʻzi savol qildi:
— Siz-chi?
— Man bu yerdan ketdim,— koʻzini yerga tikdi Yoʻlchi.

Unsin onasidan yodgor qolgan va yagona ziynati boʻlgan yupqagina eski kumush bilaguzukni aylantirib gapirdi:
— Man ham qolmayman, aka. Yumushlari ogʻirdir, deb oʻylamang, yumush mayli, oʻzim xohlamayman,
— Nimaga?

Unsin akasining koʻzlariga gʻamgin, lekin chuqur mehribonlik bilan boqdi va koʻzlariga toʻlgan tomchilarni bazoʻr tutib javob berdi:
— Bu yerdagilar sizni xafa qilmagan boʻlsalar, siz birdan ketib qolarmidingiz? Siz xafasiz, yashirmang, aka.— Unsin bir oz toʻxtab, soʻng yana davom etdi:—Man bu uyda Gulnor opam uchun sochim oqarguncha xizmat qilishni istar edim. U mani tugʻishgan opadan afzal sevadi, shunday yaxshi juvon boʻladimi? Mani naq kichkina qizday quchoqlaydi, ovinadi, yonimdan ayrilgusi kelmaydi. Baribir, man bu uyda turmayman. Gulnor opani unutmayman sira, uni qoʻrgali, tez-tez kelib turaman...

Gulnor Unsinni chuqur sevishiga va bu qiz bilan soʻzlashib yupanishiga Yoʻlchi shak qilmas edi. U oʻz singlisini Gulnordan ayirib, uni zolim tanholik quchogʻigʻa otishni istamaganidan, yana bir necha vaqt Unsinni bu yerda qoldirishga — agar xoʻjayinlar ma’qul koʻrsa moyil edi. Soʻngra, Unsinning yashashi uchun muvofiq bir oilani hali koʻzlagani yoʻq edi. Oʻzi boshpana topa olmas ekan, yosh qizni qaerga oʻrnashtiradi?
— Nimaga xohlamaysan, yolgʻiz man ketganim uchunmi? Xoʻjayinda mening haqim turibdi hali, san bu yerda tekin ovqat yemaysan, singlim.
— Qoʻrqaman bu yerda,— Unsin boshini egib, qoʻli bilan koʻzlarini yashirdi.
— Kimdan? Nimadan?— sergaklanib soʻradi Yoʻlchi.
— Salim akadan. Yolgʻiz koʻrsa, tegishaveradi. Yomon gaplar gapiradi...— Unsin boshini yerdan uzmadi va yuzi bir lahzada olovlandi.

Yoʻlchi tishini qisib, indamasdan oʻrnidan turdi. Unsinning qoʻlidan ushlab turgʻizdi. Uni erkalab boshini, yelkasini siladi:
— Jonim, ichkariga kirib tayyorlan. Chaqirganda chiqasan, ketamiz, oʻksima...— dedi-da, Yoʻlchi ichidagi ogʻriqning zarbiga chidolmaganidan, tishini tishiga bosib qisirlatib koʻchaga chiqdi. Boyning darvozasi oldida toʻxtadi.

Qor kuchli yogʻardi. Koʻchalar, tomlar, devorlar, daraxtlar oppoq. Sokin, gʻarib qish oqshomi. Qor kapalaklari Yoʻlchining qoshlariga, kipriklariga qoʻnadi, yuzlariga yopishib tomchilanadi. Yoʻlchi uzoqda, machit minorasi ustida qor bilan yana koʻproq qappaygan boʻsh laylak uyasiga termiladi. Nechundir, koʻngli buziladi. Gʻarib, sokin bir qish oqshomi... Egni yupun odamlar dildirab, boshlariin ikki yelka orasiga siqib chopadilar. Mana Barat supurgichi! Bozordan supurgisini chaqa qila olmay, yana orqalab qaytayotir. Ana uzun, arvohday gadoy, u Barat supurgichining eshigidan non tilaydi. U «haq doʻst yo Ollo!» deydi. Ovozi atrofga yigʻi kabi tarqaladi...

Mana koʻchaning boshida Salimboyvachcha koʻrindi. U olifta tikilgan qora movut chakmonga oʻralib, bir qoʻlida zontik ushlab, hech qayoqqa nazar tashlamay, gerdayib keladi.
— Qay goʻrga yoʻqolding, yalinamizmi? Senga-ya!— yomon qarash bilan Yoʻlchining oldidan oʻtdi.
— Boyvachcha!— Gʻazab bilan qichqirdi Yoʻlchi. Salimboyvachcha qonsiz yuzini asabiy burushtirib, darvoza yonida birdan qotdi.
— Baqirma, ablah! Qulogʻim bor...— boyvachcha zontigini yopib, Yoʻlchiga oʻqraydi.
— San ablah! Koʻzingni olaytirma!— boyvachchaning tumshugʻiga kelib qichqirdi Yoʻlchi va uning bilagidan mahkam siqdi.— Shoshma!..

Salimboyvachchaning koʻzlari ola-kula boʻlib, yuzidagi goʻshtlari pirilladi, bu qanday gap? Bir xizmatkor unga kichqirsin, «san» desin, «ablah» desin! Xizmatkorlardan qullarcha mutelikni, har qanday ogʻir haqoratga «lom-mim» demaslikni talab qilgan boyvachcha bunga chiday olmadi. Yoʻlchining yuziga urmoq uchun zontikni koʻtardi. Yoʻlchi u qoʻlini ham ushlab, siltadi. Zontik yerga tushdi.
— Uyatsiz! Yosh qizga tikkan koʻzlaringni oʻyib olaman!

Salimboyvachcha labini tirjaytirib zaharxanda qildi.
— Qoʻlimni qoʻy, baqirish shungami! Singling kim? Podshoh qizimi? Juda oltin boʻlsa ham... Yoʻq, tuzim, nonim sani quturtirgan, it!— Oʻdagʻayladi Salim.

Yoʻlchi tishini qayrab, boyvachchaning koʻkragiga zarb bilan bir musht tushirdi. Boyvachcha gandiraklab uch-toʻrt qadam narida qorga yiqildi. Yoʻlchi etigi bilan uning dumbasiga yana bir tepdi. Faqat, shu onda Yormat yugurib chiqdi: «Hoy, Yoʻlchi, esingni yedingmi? Uyat!» deb yigitga tirmashdi. Namozdan kelayotgan odamlar ham yugurishdi. Yoʻlchini quchoqlashib bazoʻr chetga surishdi, har kim oʻz bilganicha nasihat qila boshladi. Boyvachcha koʻkragini ushlab, enkayib qalt-qalt titradi, soʻkishni ayamasa ham, Yoʻlchiga yaqinlashuvga botina olmadi. Yormat uning kiyimini qoqib qoʻltigʻiga kirib, uyga yetaklar ekan, u tahdid qildi:
— Shoshma hali, peshanangdan otib, yerga choʻziltirmasam, odam bolasi emasman.
— Chiyillama!— dedi hayqirib Yoʻlchi.— Olib chiq oʻsha temir sopqoningni!

Yoʻlchining javobiga odamlar sekingina kulishib, «ajab qildi» deganday, bir-birlariga ma’noli qarashib olishdi. Boyvachchaning qorasi oʻchgach, Qodir suvoqchi Yoʻlchining yelkasini qoqdi.
— Bolam,— dedi u,— ehtiyot boʻl. Zamon kimniki — boyniki! Odam otish ham bularga hech gap emas. Bularni pul quturtirgan, bular yomon odam: ilondan chayon tugʻilgan-da! Kambagʻalning tirigi nima edi, oʻligi nima boʻladi, shunday oʻylaydi bular. Toʻgʻrimi gapim?—odamlarga qarab qoʻydi suvoqchi. Ba’zilar «toʻgʻri» deb bosh bilan tasdiqlashdi.
— Tokaygacha ezilamiz, ota!?—Yoʻlchi mushtumini siqdi.
— Voy xuvori Yoʻlchi, bu gaping ham ma’qul, tokaygacha-a?—dedi Qodir suvoqchi. Xalq tarqaldi.

II

Atrofni qorongʻilik bosdi. Yoʻlchi jimjit koʻchada tanho aylanib yurib, boynikiga qaytdi. Odatda Mirzakarimboy oʻtiradigan mehmonxonaning derazasida chiroq yarqirar edi. Yoʻlchi uy eshigini ochish bilan koʻzlari boyning oʻqraygan koʻzlariga uchrashdi. Lekin u loqaydlik bilan tiz choʻkdi. Ular bir-ikki minut sukut qilib bir-birlarining gʻazabli koʻzlaridan ma’no qidirishdi. Mirzakarimboy yonboshidagi katta par yostiqni bir tomonga itarib, tasbehni sandalga qoʻydi.
— Qaerdasan, haromi? Bu yoqda shuncha ishni buvingga tashladingmi? Senday yigitni asragandan koʻppak asragan yaxshi!..
— Baqirmang,— dedi xoʻmrayib Yoʻlchi,— shu vaqtga davr eshitdim, chidadim, endi-chi? Yoʻq!

Mirzakarimboyning koʻzlarida zahar yonib ketdi:
— Sanga bu tilni qaysi qiztaloq berdi!
— Zulmingiz berdi!
— Zulm?— boy yelkasini qisdi va quturib baqirdi,— san nonkoʻrsan, man sani tuqqanim, jigarim, dedim. Ovqat byordim, kiyim berdim, bu — zulm emish! Juvonmarg boʻl, nodon!
— Bekorgami?—Yoʻlchi Mirzakarimboyga tomon gavdasini choʻzib qichqirdi:— Sizda ikki yarim yil ishlab yelkam yagʻir boʻldi. Soqolingizda bitta qora tuk yoʻq-ku, yolgʻon gapirasiz, uyat! Kiyim deysiz, qanaqa kiyim? Etik, chopon va boshqalarni qoʻyaveray, bironta yangi doʻppi kiyganim yoʻq bu ostonada! Mana ust-boshim... Ovqat deysiz, qanaqa ovqat u? Moyli qoobnni oʻzingiz qaynatgansiz, bizlarniki ma’lum, ovqat ham emas, yuvindi ham emas. Soʻzni choʻzmayman: men sizdan ketdim. Haqimni bersangiz bas!

Mirzakarimboy oʻsiq qoshlarini chimirib, sukut qildi. Yoʻlchidagi bu keskin oʻzgarish uning avvalgi fikrini ta’kidladi: u Yoʻlchining qishloqdan qaytib, birdan gʻoyib boʻlishi bilan oʻzining Gulnorga uylanishi oʻrtasida bir bogʻlanish borligiga qanoat hosil etgan edi. Chunki Yoʻlchining Gulnorni sevishini bilar edi. Lekin, u bunga ahamiyat bermay, «arazi koʻpga choʻzilmas, yana qaytib xizmatimni bajarar» deb oʻylagan edi. Ammo hozir ish oʻylagancha chiqmadi. Yoʻlchining qarori qat'iy koʻrindi. Uning mehnatidan rozi boʻlgani uchun, bunday «azamat qulni» qoʻldan chiqarishga achinsa-da, yangi va’dalar, avrash-aldashlar bilan uni olib qolish mumkin emasligini sezdi, itni haydagan kabi, qoʻlini silkib baqirdi: «Ket!»
— Man oʻzim ketganman, haqimni bering!— dedi soʻng sovuqqonlik bilan Yoʻlchi.
— Qanaqa haq?— koʻzlarini olaytirdi boy.
— Rosa ikki yarim yil ishladim. Shu muddatda, hammasi boʻlib qirq soʻmga yaqin pul oldim. Haqim shumi? Va’dangiz qalay edi?
— Va’da... Hm. Nodon. Xoʻjayin degan xizmatkorni qiziqtirish uchun va’da qilaveradi-da, har qanday va’daga ishonaveradimi odam!
— Xoʻp, manga ortiqcha toʻlamang, taomilda qancha boʻlsa, shuncha toʻlang.
— Qirq soʻm pul emasmi? San nonkoʻrga bir tiyin bermayman. Da’vo qil kuching yetsa agar,— dedi-da, boy yostiqqa yaslanib oldi.

Mirzakarimboyning bunday muomalasi Yoʻlchiga tahqirli boʻlsa ham, ammo kutilmagan bir hodisa emas edi. Shuning uchun u tomirlarini toʻldirgan gʻazabini yenga oldi. Faqat oʻzining soddadilligiga, aldanganligiga chuqur afsuslandi. Kambagʻal Yoʻlchiga pul gʻoya emas, ayniqsa Gulnor kabi hayot quyoshidan ayrilib, eng goʻzal, eng porloq umidlari singach, pulning ma’nosi qoladimi? U nimaga yaraydi? Yoʻlchida oʻz kuchiga ishongan, qadr-qimmatini baland tutgan kambagʻal yigitning, odamlikning gʻururi kuchli edi. Uning uchun, hozir uning nazarida olamda eng past va razil koʻringan Mirzakarimboy bilan pul yuzasidan xirillashishni, yoqa boʻgʻishni oʻziga or bildi. Sachrab oʻriidan turib, boyning oldiga bordi. Masxara va kinoyaning zahrini koʻzlarida yondirib qichqirdi:
— Bundan koʻra goʻng titganing yaxshi emasmi, keksa tovuq!

Boy vaziyatini oʻzgartmadi. Lekin, yuzi allaqanday yomon burushib, qizarib ketdi. Yoʻlchi eshikni qattiq yopib, tashqariga chiqdi.

Uzun, qorongʻi yoʻlakdan chiqqach, Unsin toʻxtadi. Qoʻlidagi tugunni bir eski paxtalik nimcha, bir chit koʻylak, onasidan yodgor qolgan eski shol roʻmol,— akasiga berib paranjisini tuzatarkan, hazin tovush bilan:
— Gulnor opam yigʻlab qoldi. Quchoqladi, oʻpdi. Akangiz sizni uzoqqa olib ketmasin, tez-tez kelib turing, dedi.— Unsin bir lahza jim qolib, soʻng shivirladi. Sizga salom dedi, unutmasin dedi. Ha, yana koʻp gaplari bor ekan, keyin aytaman dedi, shoʻrlik...

Yoʻlchi koʻkrakni qisib, parchalamoqchi boʻlgan qaygʻu toʻlqini ostida, butun vujudi bilan chuqur xoʻrsind. Soʻng majolsiz, horgʻin tovush bilan:
— Yur, singlim!— dedi.

Yangi qorni yumshoqqina bosib borishadi. Qor yorugʻi bilan kecha nim qorongʻi; hamma yoqni jimjitlik bosgan. Koʻcha muyushida Yoʻlchi toʻxtadi. Qaerga borishi mumkin? «Qish oʻchogʻi tor, tur, uyingta bor!» degan maqolni eslaydi u. Uni tanholik, gʻariblik, yoʻqsillik iztirobi kemiradai. U ikki yarim yil boyning boʻyinturugʻini sudradi. Nima oldi! Oqibat mana shu! Unsin sovuqdan tinchsizlana boshlaydi. Oyoqlarini yerga urib, qoʻllarini puflaydi va hayron bulib akasiga tikiladi. Yoʻlchi birdan: «Yur, jontim!» dedi-da bir yoqqa yura boshladi. Lekin, nima uchundir, qadamini juda sekin bosgani, dam toʻxtab dam yana yurgani uchun, uning izidan ketayotgan Unsin bu taraddudga tushuna olmaydi, soddadillik bilan oʻylaydi: shunday katta shaharda joy topilmaydimi?.. Rahmatli onasi nimalarni orzu qilar edi! Boy togʻagnikida ishlab, Yoʻlchi koʻp pul orttiradi, uy-joy qiladi, yer oladi... qani? Yoʻlchi Shokir otaning doʻkonxonasi eshigini astagina ochib boqdi. Chunki aksar qish kechalari mahalladagi bekorchilardan bir nechasi bu yerga toʻplanib, «Ahmad zanchi», «Rustam Doston» kabi jangnomalarni bironta savodli odamga oʻqitib tinglashar edi. Hozir Shokir otadan boshqa hech kim yoʻq. U singlisini boshlab kirdi.
— Kel, qoʻzim!— har vaqtdagicha muloyim qarshi oldi chol. Lekin yigitning orqasida turgan paranji-chachvonli Unsinga koʻzi tushib, «yana nima hangama?» degan kabi, hayrat bilan Yoʻlchiga qaradi.
— Ota, bu singlim,— tabassum bilan dedi Yoʻlchi,— qishloqdan olib kelganimni eshitgandingiz. Boynikida yashashini ma’qul koʻrmadim.
—. Yaxshi qilibsan: «Kabutar ba kabutar, jins ba jins». Ma’nisini tushunasanmi? Toʻgʻri, ular qarindoshing. Lekin ular sani oʻz jinsiga qoʻshmaydi. Ular pul jinsidan. Durustmi?.. Ha, oʻzing totib koʻrdang-ku. Unday qarindoshlardan yetti yot begona yaxshi. Oʻzi yoʻqning koʻzi yoʻq; san yoʻqsan, bu qizni xoʻrlaydilar...

Chol odatda birov uning soʻzini kesmaguncha gapirib, ishlayverar edi. Yoʻlchi unga yaqinlashib, suyak yelkasini asta qoqib:
— Quloq soling, ota, coʻzingiz toʻgʻri. Singlim hozir cha siznikida tursa qalay boʻlar ekan?— dedi.

Shokir ota ishni yigʻdi, koʻzoynagini olib qoʻydi.
— San oʻgʻlimsan,— Yoʻlchiga mehr bilan tikildi chol,— bu ojiza —qizim. Bir parcha yer hammadan qoladi, oʻgʻlim. Hech kim qabriga orqalab ketmaydi. Qabr oʻzi boshqa bir dunyo!.. Xudoga shukur, koʻrpa yostigʻim ham yetadi. Dam iliq, dam sovuq tancham bor. Yoʻqni yoʻndiramiz, bu ayni maslahat... Kampirimga yoʻldosh, yetim goʻdaklarimga bosh boʻladi bu qizim...

Yoʻlchi bu qashshoq, bu alamdiyda cholning olijanobligi qarshisida oʻz minnatdorligini qanday ifoda qilishni bilmay qoldi. Uni quchoqlab oʻpgusi, har bir tolasi ogʻir mehnat, alam bilan sugʻorilgan oppoq soqolini koʻzlariga surtgusi keldi. Darrov Unsinning qoʻlidan tutdi:
— Ol chachvoningni! Mana otang—bobong. Qadriga yet,— deda-da, Yoʻlchining koʻzi namlandi.

Unsin chachvonini olib, uyalinqirab yerga qaradi va sekingina, lekin juda samimiy ravishda dedi: «Chin qizingiz boʻlaman, koʻnglim bilan xizmatingizni qilaman, otajon!»

Chol kalavlanib oʻrnidan turdi:
— Yura qol, qizim, man sani kampirga topshirib chiqay.U ham odamshavanda...

Yoʻlchi Unsinni eshik oldida toʻxtatdi:
— Singlim, oʻz uyingday koʻr, tortinma. Kampirning yumushlariga qarash. Otam yolgʻiz qoʻl, unga ip tayyorlab ber, mahsiga shon qoqish, pardoz berish, shunga oʻxshash ishlarni tez oʻrganyab ol. Men oʻzim tez-tez xabar olib turaman. Xayr.

Unsin akasini quchoqlab, har kun kelishga undan soʻz olib, quvonch bilan chol orqasidan ketdi.

Yoʻlchi ivirsiq doʻkonxonada yolgʻiz qolarkan, oʻzini, Unsinni boqish uchun ertadan boshlab biron ishga urinish zarurligiii oʻyladi. Chunki boydan olinajak haqning shamolga uchganiga ishonar edi. Soʻngra, belbogʻidan hovli pulini chiqarib sanadi. Ayab-tejab xarajat qilgani uchun yonida yana oʻn besh soʻm qolgan ekan. Shokir ota chiqib ishga oʻtirgach, pulning hammasini uning yoniga qoʻydi-da, oʻrnidan turdi. Chol qaddini koʻtarib koyidi:
— Ol buni. Nodonliging qolmaydi-da. Yigitga pul kerak boʻladi. Bir qoshiq yovgʻonimni qizimdan ayaymanmi? Ol, belingga qistir!

Yoʻlchi pulni olmadi.
— Topgan-tutganim sizniki, Unsinniki, ota! Pulni nima qilay?— dedi.

Chol undan bu kun shu yerda qolishini astoydil soʻrasa-da, koʻnmadi. Erta-indin kelishga va’da berib, chol bilan xayrlashdi.

Oʻn beshinchi bob

I

Hakimboyvachcha Fargʻonadan qaytgan kuniyoq, bir yumush buyurishga Yoʻlchini soʻradi. Yormat unga Yoʻlchining koʻpdan buyon ishlamasligini, bir hafta avval bir koʻrinish berib, oʻsha kun aloqasini tamom uzib ketganligini soʻzladi. Hakimboyvachcha koʻzini katta ochib, buning sababini surishtirdi. Yormat butun voqeadan yaxshi xabardor boʻlishiga qaramay, tabiiy, aytmadi: «Sira xabarim yoʻq, Hakim aka. Uni birov aynatdimi, yo oʻzi mehnatdan sovib, gʻururlik, sayoqlik yoʻliga tushdimi, bilmayman», dedi.

Hakimboyvachcha uchun Yoʻlchi sinalgan, azamat bir malay va bir chekkasi qarindosh edi ham. Shuning uchun bu ishni surishtira boshladi. Bu toʻgʻrida nima eshitganligini oʻz xotinidan soʻradi. U qishloqdan singlisini keltirib, oʻzi birdan gʻoyib boʻlganligini, keyin toʻsatdan paydo boʻlib, Salimboyvachchani odamlar orasida urganligini va hokazolarni soʻzlab berdi. Boyvachcha achchiqlandi. Lekin umuman ayollarning soʻziga inonmagani uchun, Salimboyvachchaning oʻziga murojaat qilishni lozim topdi. Salim ham butun aybni Yoʻlchiga agʻdarib, oʻzini quruqqa tortdi. Uning «axloqsizligi» toʻgʻrisida birmuncha gaplar toʻqidi va dadasini haqorat qilganligi, haqimni yeb ketdi boy, deb koʻcha-koʻyda boyni qoralab yurganligini aytdi.

Hakimboyvachcha ilonday toʻlgʻandi. Bu qanday sharmandagarchilik? Uning ukasiga— Salimboyvachchaga bir xizmatkor musht koʻtarsin! Mirzakarimboyni qoralasin!.. «U itga saboq berish uchun biron chora koʻrmaganligidan» ukasini koyidi. Chunki Hakimboyvachcha «or-nomus»ni biladigan va uni qoʻriqlaydigan kishi, u oʻzining va oila a’zolarining ustiga chang qoʻndirishni istamas, oilasi bilan hech qanday oilani tenglashtirmas edi. Mirzakarimboy xonadoni! Bu qanday ulugʻvor, toza, dongdor oila!..

Bundan bir qancha yil burun, Hakimboyvachchaning yaqin doʻstlaridan bir kishi, qandaydir bir oʻtirishda Mirzakarimboyga orqavarotdan til tegizganini eshitib, u bilan uzoq zamon olishgan, sudlarga qatnagan, uning boshiga koʻp kulfatlar keltirib, nihoyat, koʻpchilik orasida uzr aytishga uni majbur qilgan edi!

Hakimboyvachcha Yoʻlchiga jazo berishga qaror qildi. Ikkinchi kun peshindan keyin ellik boshini chaqirtirdi. Mehmonxonada qabul qilib, bir katta xitoy laganda uyilgan qirgʻovul, kaklik goʻshti qovurmasi bilan ziyofat qildi. Taom ishtaha bilan yeyilgandan soʻng, rang-barang qimmatbaho mevalar, qaymoqqa qorilgan nonlar bilan toʻla dasturxon yozib, achchiq choyni quya boshladi. Naq Olimxon ellik boshining koʻnglidagiday ziyofat: jihozlarga boy, goʻzal, naqshkor mehmonxonada oʻtiradi, yana nodir taom, nodir mevalar, achchiq xushboʻy choy, dongdor boyvachcha bilan suhbat! Olimxon yashnab ketdi. Boyvachcha oʻzining fargʻonalik doʻstlari bilan boʻlgan oʻtirishlaridan, har turli ziyofatlardan soʻzladi, uning doʻstlari boʻlgan fargʻonalik ikki boyning yaqinda «kim oʻzarga» qilgan oʻgʻil toʻylarini, bu toʻylardagi bazm, uloq va har xil oʻyin-kulgilarni, umuman, ovozali toʻylarda boʻladigan dabdabalarni hikoya qildi. Olimxon diqqat va maroq bilan tingladi. Keyin soʻz jahon urushiga koʻchdi. Urushda oqpodshohning qoʻli baland emasligidan boyvachchaning koʻngli xira boʻldi. Ammo, ellik boshi urush nihoyatida oqpodshoh gʻolib kelishini isbot qilishga tirishdi. U buning uchun shunday mulohaza yurgizdi: «Tarixda, ya’ni odam alayhissalom zamonidan to shu damgacha uch odil podshoh boʻlgan: Noʻshiravon, Horunil Rashid ham hozirgi podshohi a’zam Nekalay. Adolatli podshoh hech vaqt magʻlub boʻlmaydi. Adolat shunday zoʻr bir narsa, biz Turkiston musulmonlari hamiyat kamarini belga bogʻlab, oqpodshohga koʻproq yordam bersak, dushmanlar tezroq tor-mor qilinadi, zafar qulayroq va tezroq keladi...» Ellik boshining mantiqiga Hakimboyvachcha e’tiroz qilishdan ojiz qoldi. Bir oz oʻylab:—«Shu aytganlaringiz toʻgʻri chiqsin», dedi-da, suhbatni oʻz maqsadi tomon burdi. Bu zamonda yomonlarning koʻpaygani va hokazo haqida shikoyat qildi. Misol uchun Yoʻlchini oldi. Ukasi Salimga u «nonkoʻr»ning musht koʻtarganini eshitib tepa sochi tikka boʻlganini, nihoyat, unga bir jazo berishga jazm qilganini soʻzladi.

— U begʻubor yigit emas,— ayyorcha tabassum qilib, koʻzlaridagi ma’noni yashirish uchun yerga tikildi ellik boshi.— Mahalladagi yigitlarning bari manga maʼlum. Yurish-turishi, koʻkragidagi dardi, diliga tukkan ginasi — oynaday ravshan. Bilish mening ishim-da. Birovning moli yoʻqolsa, oʻgʻrisi bu yoqda qolib, toʻgʻrisini yoqlaymanmi? Ba’zi ellik boshilar boʻladi, yolgʻiz nomi ellik boshi, ular mahallani tanimaydi...
— Olimxon aka, sizga hammamiz qoyilmiz,— dedi boyvachcha,— asli risoladagi ellik boshi—siz. Ammo, sizga bir darra yetishmay turadi-da, mahalla fuqarosi ancha hushyor boʻlib qolardi...
— Hali ham shakaloqni ishga solib qoʻyamiz.— Ellik boshi panjasini yoyib kuldi va soʻzini davom ettirdi— Fuqaroda norozilik zoʻraydi, boyvachcham.. Faqirlikka boʻysunmaydi, qimmatchilikni Ollodan koʻrmaydi. Bir koʻpi boylardan koʻradi. Oʻgʻri, muttaham, daydilarning soni yoʻq. Yaxshiki oʻris toʻralari, politsiyalar — ishbilarmon, hokimlikka usta odamlar. Ular goh qamchin bilan, goh qilich, goh toʻpponcha va miltiqni ayamay ishlatib, xalqni bosib turishibdi. Boʻlmasa, xudo koʻrsatmasin, xalq allaqachon bosh koʻtargan boʻlardi.

Bu soʻzlar Hakimboyvachchada kuchli ta’sir qoldirdi. U yurtdagi tinchsizlikning sababini dinning susayganidan, ulamolarning xalqqa rahbarlik qilmaganidan koʻrdi. Ellik boshi bu fikrni juda ma’qulladi va u ham bu xususda ancha ma’lumot berdi. Fikr olishuv natijasnda ular shunday qarorga kelishdi: Hakimboyvachcha onasining arvohiga «xatm qur'on» qiladi. Bunga Toshkentning mashhur ulamo va mudarrislari, jadid toifasidan ham koʻzga koʻringan shaxslar da’vat qilinadi. Ziyofat, albatta toʻkin-sochii boʻladi. Mana shu yerda xalqni tarbiya qilish, insof va tavfiqqa, sabr-qanoatga chaqirish, machitlarda namozdan soʻng xalqqa diniy va’z-nasihatlar soʻzlash masalalari muzokaraga qoʻyiladi...
— Boyvachcha,— jiddiy ravishda gapira boshladi ellik boshi,— bu tadbiringiz koʻp yaxshi samaralar beradi. Birinchidan, xalqqa nuqul foydali ish, chunki siz xalqni toʻgʻri yoʻlga boshlaysiz, ikkinchidan, yurt tinchiydi, uchinchidan, nomingiz koʻtariladi... Katta oʻris hokimlarimiz eshitsalar, juda xursand boʻlishlari aniq, sizning xizmatingizni, hamiyatingizni hech vaqt unutmaydilar...

Hakimboyvachcha juda taltayib ketdi. Ayniqsa sersavlat, gerdaygan rus hokimlariga yaqinlashuv orzusi uni mast qilib, hatto Yoʻlchi masalasini ham unutayozgan edi, ellik boshi yodiga tushirdi:
— Anov haromi Yoʻlchini nima qilmoqchisiz?
— Ha, aytganday,— peshanasini qashib gapirdi boyvachcha,— nima qilamiz, hayronman. Durust odam boʻlsaydi u, sudga berardim, yo oʻzini chaqirib, oʻxshatib soʻkardim. Bu narsalarga u arzimaydi. Shuning uchun qamatsak, deyman. Qalay?
— Boʻladi. Koʻzdan yoʻqolgani yaxshi...— dedi ellik boshi.
— Olimxon aka, oling shu ishni.

Ellik boshi mugʻambirlarcha jilmaydi, achchiq choyni maza qilib hoʻplab-hoʻplab oʻyladi: «Boyvachchalar har bir ishni birov orqali bajarishni yaxshi koʻrishadi. Bu ish oʻzi uchun ham oson. Manga ham qiyin emas. Mahkamaga borib Hakimboyvachchaning obroʻsini dastak qilaman. Toʻralarning ogʻziga urish uchun pulni boyvachcha beradi. Mandan nima ketadi, qabul qilaveray; ukasi Salimboyvachcha qoʻlimda. Endi katta boyvachchaning ham kichkina bir sirini qoʻlga ilay. Bundan qanday foydalanishni oʻzim bilaman... Ammo ellik boshi ogʻir masala qarshisida qolganday, bir vaziyat oldi, yuziga mashaqqat ifodasini kiydi va taraddud bilan soʻzlay boshladi:
— Boyvachcham, bu juda mushkul ish. Durust, Yoʻlchi yomon bola. Ammo, biz uni orqasida qopi bilan, qoʻlida tuguni bilan yoqalaganimiz yoʻq, pichogʻida hali qon koʻrmadik. Mahkamadagi oʻris toʻralarini qoʻlga olish, Yoʻlchini biron narsada ayblash kerak boʻladi. Bu narsa hazil emas! Lekin kamina sizning iltimosingizni yerda qoldirishdan koʻra, har qanday mashaqqatni oʻz zimmasiga olishni a’lo koʻradi...

Hakimboyvachcha oʻz tashakkurini bildirdi, bu masaladan koʻnglini tinchitib, yana soʻzni ulamo va jadidlar bilan boʻlajak majlisga koʻchirdi.

II

Qahraton qish. Nima koʻp — ishsiz koʻp. Ish topish qiyin. Mardikorlik, dala ishlari yoʻq.

Yoʻlchi uzoq oʻylab oʻtirmadi. Ikki quloch arqonni belbogʻ ustidan boylab, hammollik qilish uchun bozorning eng qaynoq joyiga bordi. Bir tomon chinnifurushlik, bir tomonda attorlar rastasi. Bir tomon esa har xil shirinliklar va boshqa mollar sotiladigan «gul bozor»... U yerda otlar, aravalar, tuyalarning shovqini, aravakashlarning soʻkishlari, novvoylarning qichqirishlari bir-biriga qoʻshilib, allaqanday ma’nosiz, boshni aylantiradigan doymiy bir gʻovur-gʻuvur yasaydi.

Yoʻlchi, loy yoʻlkada oyoqlarini solib oʻtirgan qator hammollar yoniga suqildi. Uning oldidagi hammol, yomon nazar bilan yer ostidan qarab, yuzini teskari burdi. Yoʻlchi ahamiyat bermay, oʻz kasbdoshlarini bir-bir koʻzdan kechira boshladi. Bu yerda yigirmaga yaqin hammol oʻtiradi. Oralarida oʻn toʻrt-oʻn besh yoshli, xasta kabi rangsiz, oriq bolalar; yuk koʻtarish u yoqda tursin, aftidan, oʻzini bazoʻr eplab yuradigan tinka-madorsiz, yelkasi chiqiq, beli bukik chollar ham bor. Hammasining belida, yelkasida eski-tuski narsa, uzuq-yuluq arqon, kiyimlari juldur, iflos; koʻplari chopon oʻrniga jun qopga oʻralgan. Yoʻlchi diqqat bilan tikilib, hech birining oyogʻida etik koʻrmadi: kimda poxol tiqilgan yaramas kavush yoki tushib qolmasin uchun kanop bilan oyoqqa chandib bogʻlangan eski kalish, yo shunga oʻxshash bir narsa. Ba’zilari esa oyoqlarini churik lattalar bilan oʻraganlar. Sovuqdan koʻkargan loy, kir barmoqlari churiklar orasidan moʻralab turadi.

Hammollar oʻzaro gaplashmas edilar: hammasining notinch koʻzlari yuk qidiradi. Mabodo bir kishi hammollardan biri oldida toʻxtasa, hammalari birdan turib, uning atrofini qurshaydilar...

Yoʻlchi bu yerda ikki soat qadar oʻtirib, biron yukka ilinmagach, keyin bozor aylanish uchun turib ketdi. Qor erib rastalarni juda ifloslagan, hamma yoq pilch-pilch loy, balchiq suv... Bozorda yurgan xalq — fuqaro ham kir, yupun, isqirt, gʻazabli; shoshadi, turtinadi, urinadi, soʻkadi. Ularning koʻzlarida ifodasi qiyin allaqanday mashaqqat, kambagʻalchilik dardi, turmush kechirish gʻussasi yotadi. Osonmi? Narx-navo kun sayin koʻtariladi. Xalqda pul yoʻq. Xalqning aksari ishsiz. Dehqonning yozda topgani qishga yetmaydi, kosibning bir haftalik ishiga bir xalta don kelmaydi...

Yoʻlchi rastalarni aylandi. Mol ham koʻp, pul ham koʻp. Lekin bular boylarniki!.. Boylar katta-kichik, sersavlat, savlatsiz doʻkon va magazinlarda gerdayib oʻtiradilar. Mol ham, pul ham shularniki! Urush hammaning tinkasini quritgan, qursogʻini boʻshatgan boʻlsa, ularning boshidan zar sochib, qursoqlarini yana qappaytirgan, ularning biri — un, yigirma boʻlgan! Ba’zi doʻkonlarda, yerdan shipga qadar qalangan mollar orasida oʻn ikki-oʻn uch yashar jajji bolalar oʻtiradi, savdo qiladi, choʻt qoqadi.

Yoʻlchi birinchi kun bozorni aylana-aylana kechga qadar uch-toʻrt yerga yuk orqaladi. Keyingi yukni «Koʻkcha»ga eltib, shomda qaytdi. Jami boʻlib bir soʻm yetmish tiyin pul ishlagan edi. Bir soʻmga oʻzi non-choy olib ichdi-da, och qornini bir qadar ovitdi, qolganini «Unsinning nasibasi» deb belboqqa tugdi.

Shunday qilib Yoʻlchi hammol boʻldi. Har kun bozor aylanib, ertadan-kechgacha tentiradi, shaharning turli tomonlariga — uzoq, yaqinga yuk tashidi. Ba’zi kunlar koʻmirsaroyga tushib, koʻmir, tappi, xashak keltirgan qozoqlarning tuyalarini xaridorning uyiga yetakladi. Kuchi, gʻayrati orqasida har kungi topishini oʻzi va Unsin uchun, gʻoyat qiyinlik bilan boʻlsa-da, amal-taqal qildi. Ba’zan har kun, ba’zan kun oralab, kechqurun Unsinni koʻrgali Shokir otanikiga keldi. Bozordan keltirgan narsalarini Unsinga berib, qizning koʻnglini yupatib ketdi. Ba’zan Qoratoyning ishxonasida, ba’zan choyxonada tunab yurdi.

Yoʻlchi Gulnordan ayrilgach, yuragida ishq alangasi yana kuchaydi. Uning fikri, uyqusi, butun borligʻi Gulnor xayoli bilan band; tanho qolgan choqlarda jinni kabi, oʻzi-oʻzi bilan gaplashadi, haqiqatda esa, Gulnor bilan hasratlashadi...

Hammolchilikning oʻninchi, oʻn birinchi kuni bir moʻysafid kishi kappondan bugʻdoy koʻtartdi. Yoʻlchi «Qoryogʻdi» mahallasiga kelib, chol orqasidan yangi, sirlangan bir eshikka kirdi.

Bu — atrofi yangi uylar bilan oʻralgan qutichaday hovli edi.

Yoʻlchi oshxonadagi bordonga bugʻdoyni agʻdarib, hovlida choldan haqini olib turarkan, qarshidagi uydan iljayib Abdishukur chiqdi. Yoʻlchi shoshib salom berdi va:
— Bu hovli siznikimi, mulla aka?—dedi. Abdishukur boshini qimirlatib «ha» dedi.
— Qiziq,— kulib soʻzladi Yoʻlchi,— siz bilan uchrashish kimning yodida bor edi? Xoʻjayinlarnikiga borib turasizmi?
— Ba’zan borib turaman,— dedi Abdishukur yaqinlashib, soʻng tikilib soʻradi,— xoʻsh, gapirchi, nimaga hammol boʻlib qolding?
— Shu ish qulay ekan,— dedi piching bilan Yoʻlchi,— mana hozir boboyning chaqasini oldim. Ketaman. Hech kim tagimdan tutmaydi. Loaqal kechalari tinch boʻlaman-ku...

Abdushukur «shu ham gapmi» deganday, labini burdi.
— Toʻgʻrisini ayt, nima? Chiqisha olmadingmi?
— Zulmga, jabrga chiday olmadim, mulla aka. Chin soʻz shu... Men ham odam farzandi, tokaygacha tepki yeyman. Nimasini surishtirasiz, mulla aka, xoʻjayinlar orasidan epaqaga keladiganini qidirish anqoning tuxumini qidirish bilan baravar ekan. Ularning basharasi, ishi boshqa-boshqa boʻlsa ham, yuragi bitta boʻlar ekan. Koʻrdik, sinadik, mulla aka,— dedi-da, Yoʻlchi xayrlashib joʻnar ekan, Abdishukur uni toʻxtatdi. Chunki sodda, oʻqimagan, Abdishukurning ta’biricha «koʻzini jaholat pardasi qoplagan» bu yigitning soʻzlari unga ta’sir qildi ham bir tatar ulamosining islomni isloh qilish toʻgʻrisida yozgan ilmiy asarini hozirgina oʻqib bitirgani uchun vaqti boʻsh edi. Soʻngra Mirzakarimboy va uning oʻgʻillari bilan aloqasi yaxshi boʻlganidan, bu yigitning ular toʻgʻrisidagi fikrini bilishni istadi. Yoʻlchini uyga boshlab kirdi. Etigi loy boʻlganidan, Yoʻlchi tanchaga oʻtirmay, namatning uchini qayirib, pastroqqa choʻkkaladi.

Uy kichkina, lekin yorugʻ va toza edi. Tancha ustida gazetalar, tokchalarda kitoblar qalashib yotar edi. Qarshidagi devorda ikki kishining surati koʻzga tashlanadi: ikkisi ham harbiy kiyimda, ikkisining ham boshida «hoji doʻppi», biri sersoqol, u qilichga suyalib turadi. Ikkinchisi, yoshrogʻi, buralma moʻylovli, qotmagina. Ikkisining ham koʻzlari oʻqraygan. Bu uyning shuning kabi «bezaklari»ni Yoʻlchi bir muddat tomosha qildi. Hovliga chiqqan xotinlarga yigitning koʻzi tushmasin, degan andisha bilan boʻlsa kerak, Abdishukur oʻrnidan turib ikki derazaning ham pardasini tushirdi. Keyin tanchaga bemalol oʻtirib, gazetalarga koʻz yugurtdi va Yoʻlchiga dedi:
— Soʻzla, nima uchun Mirzakarim otamning uylaridan ketding, u kishi senga qanday zulm qildi? Biz ham picha eshitaylik. Kim haqli, kim nohaq, aql mezoni koʻrsatadi...

Yoʻlchi oʻz yuragini har kimga ochavermasdi. Oʻz ahvolidan shikoyat qilishni ham yomon koʻrar edi. Lekin u hozir soʻzlashga ichki bir ehtiyoj sezdi. Chunki, Abdishukurni dunyodan xabardor, oʻqimishli odam deb bilgani uchun, u ma’noli bir kengash berar, toʻgʻri yoʻl koʻrsatar, bosh qotirguvchi savollarga javob qaytarar, deb oʻyladi va shu umid bilan ikki yarim yil ichida kechirgan turmushning ba’zi tomonlaridan ma’lumot berdi, hatto baxtsiz sevgisiniig ba’zi sahifalarini ham unga ochdi. Keyin boshqa xoʻjayinlarda ishlovchi xizmatkorlar, qarollar, chorakorlarniig ahvollari oʻzinikidan durust emasligini hayajon bilan soʻzlab ketdi. Abdishukur gazetalarni ehtiyot bilan taxlab bir yoqqa qoʻydi. Koʻrinishda Yoʻlchining soʻziga oz diqqat qilganday boʻlsa ham, lekin uning biron soʻzini tushirib qoldirmas edi. Yoʻlchi soʻzini bitirgach, Abdishukur iljaydi, sinovchi bir qarash bilan unga tikildi.
— Shumi? Jabr qani?—yolgʻiz soʻz bilan emas, koʻz-qoshlari bilan ham savol qildi Abdishukur va davom etdi,— shu narsalarga arazlab, boynikidan ketding, hammollikni afzal koʻrding? Evoh holimizga! Evoh zavolli Turkiston!..

Yoʻlchi uning xitoblari qarshisida bir minut taajjublanib, soʻng javob berdi:
— Mulla aka, hammollik ish emas. Man yer haydashni, ketmon chopishni yaxshi koʻraman. Yerni yashnatishga ham ancha mohirman. Lekin, qani bir parcha yer? Qishlogʻimda ham yoʻq, shaharda ham yoʻq! Hali dedim-ku, xoʻjayinlarning yerida ketmon chopmayman. Qarol, xizmatkor boʻlib ishlashga tavba qildim, Kishi bir marta aldanadi-da. Yer kuch bilan, ter bilan unum beradi. Man kuchimni, terimni toʻkay, foydasini soyaparvar boylar koʻrsin, man ikki qoʻlimni burnimga tiqib qolaveray! Qani insof? Yana buning ustiga haqorat, xoʻrlash, mensimaslik...

Abdushukur bir muddat xomush oʻtirdi, soʻng bosh barmogʻini tishlab oʻylanib dedi:
— Uka, menimcha, gʻaflatdasan, oʻqimaganlikdan boʻlsa kerak, fikring koʻp nimarsalardan hali gʻofil...
— Siz tushuntiring. Men yoshlikdan otamga qarashdim, poda boqdim, mashoq terdim. Har kimning yumushini qilib oʻsdim. Qishlogʻimizda maktab ham yoʻq edi.— Oʻtmishni xotirlarkan, Yoʻlchi ogʻir xoʻrsindi.
— Menimcha,— qaddini rostlab olib, jiddiy gapira boshladi Abdushukur,— Gʻaflating shundaki, san boy, kambagʻal, yana xoʻjayin, xizmatkor deysan. Qaerdan chiqdi bu gap? Bu ayni nodonlik emasmi? Manimcha, boy, kambagʻal, xoʻjayin, xizmatkor yoʻq! Manimcha, faqat biz turkistonliklar, ya’ni turk musulmon bolalari bor, xolos. Hammamizning vazifamiz — qoʻlni qoʻlga berib, oʻrtadagi nizolarni yoʻqotib, yo u nizolardan koʻz yumib, yaktan ishlashdir.

Musulmonlar orasiga fitna solish qadar katta gunoh yoʻq. Saning har bir soʻzing fitna tuxumi, tushundingmi?

Yoʻlchi ikki-uch minut hayrat va sarosimada qoldi. Abdishukurning soʻzlarini yana bir marta oʻylab chiqdi. Keyin «Mulla aka»ga qarab, kinoya bilan qoshlarini chimirdi.
— Man xoʻjayinlarning boʻyinturugʻiga kallamni tiqay, ishlay, ular obdan moyimni shilsin, keyin mani «husht!» deb haydasin, man gadoy boʻlay, isiriqchi boʻlay! Siz oʻz qoʻlingizni birovga berib: «Surga, anov chuqurga itarib yubor!» deysizmi?.. Xoʻp. Nega boy yoʻq, kambagʻal yoʻq deysiz? Toʻgʻri, hammamiz musulmonmiz, bir yurtda yashaymiz. Ammo Mirzakarimboy boshqa, man boshqa! Xoʻjayinlar bor, malaylar bor. Oyni etak bilan yashirib boʻladimi? Xoʻsh, nega maning haq gapim fitna boʻladi?
— Tushun,— boʻgʻilib, qoʻllarini harakatga solib gapirdi Abdishukur,— tushunsang-chi axir, boy kimniki? Xoʻjayin kimniki?! Oʻz boylarimiz, ya’ni musulmon boylari emasmi? Oʻzimizdan boylar, xoʻjayinlar koʻpaysa yomonmi?.. Musulmon boylari quvvatlansin, savdosi rivoj topsin. San buni arzu qil, yigit! Dinimiz nizoni emas, ittifoqni buyuradi. Tushunasanmi bu soʻzlarga? Xudoga shukur, boylarimiz orasida saxovatli odamlar ham bor. Ular faqirlarga zakot beradilar, yalangʻochlarni kiyintiradilar. Boylarimizga qarshi adovat — nodonlikdan kelib chiqadi, uka!—Abdishukur xumor boʻlganday darrov papirosga yopishdi.

Yoʻlchi boshini qimirlatib, koʻz uchi bilan boqdi-da, zaharxanda qildi.
— Saxovatli boylar!— achchiq kulib davom etdi Yoʻlchi.— Ular qani? Man koʻrmadim, mulla aka. Balki topilib qolar bitta-yarimta shunday bema’ni. Lekin ularning u roʻzadan bu roʻzaga beradigan sadaqasi daryodan tomchi emasmi? Boyning zakoti bilan kun kechiradigan bitta oila bormi?.. Yoʻq. Boylar kambagʻaldan shilishga usta. Xayr ishiga beli ogʻriydi. Boylarning «hiylai shar'iy» degan oʻyinlari boʻlar ekan. Man buni oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Bunday nayrangga hali ham hayron qolaman. Mana: oʻtgan yil roʻzada bir kun kechqurun Mirzakarimboy Yormatga izvoshni qoʻshtirdi. Keyin mahallaning soʻfisini chaqirtirdi. Soʻfi, kambagʻal odam, keldi. Mirzakarimboy: «Mana bu ot-arava sizniki, sizga berdim, qani, oʻtirib bir javlon qilib keling», dedi. Soʻfi kulib izvoshga oʻtirdi.

Yormat haydab ketdi. Bir ozdan keyin, aftidan, katta koʻchani bir aylanib, qaytib kelishdi. Boy, izvoshdagi soʻfiga yaqinlashib, bir oʻn soʻmlik qogʻozni koʻrsatdi, sekingina shunday dedi: «Soʻfi, ot-aravangizni bizga soting. Mana bahosi». Oʻn soʻmni soʻfiga qistirdi. Man hech narsa tushunmadim bu hangamadan... Ertasi Yormatdan soʻradim. U har baloni biladi. «Hiylai shar'iy» zakot berish degani shu dedi u. Hammasini tushuntirdi, ot-arava besh ming soʻm turadi. Boy uni goʻyo soʻfiga berdi, keyin oʻn soʻmga yana sotib oldi. Shu bilan boy ikki yuz ming soʻm uchun beradigan zakotdan qutuldi... Buni qarang, ikki yuz ming soʻm uchun oʻn soʻm zakot! Yana shunaqa hiylalar bilan hamma zakotdan boy qutuladi, lekin bu yilgi hiylasi juda antiqa boʻldi, deb Yormat ham taajjublandi. Abdishukur aka, buni koʻzim koʻrmasaydim, ishonmasdim. Ammo, koʻrdim. Xoʻp, bordi-ku hamma boylaringiz zakotini toʻgʻri beradigan boʻlsin, lekin sadaqa bilan yashagandan koʻra oʻlgan yaxshi emasmi? Siz butun xalqni gadoy, tilanchi qilmoqchimisiz?!—Yoʻlchi kinoya, istehzo bilan Abdishukurga tikildi. Abdishukur boshini bazoʻr koʻtardi va sekingina mingʻirladi:
— Tabiiy, boyonlarimizda ham jaholat zoʻr. Koʻplari hali oʻz vazifalarini tushunmaydilar, xalqqa ota boʻlishni, homiy boʻlishni bilmaydilar. Ammo sekin-sekin ularning koʻzlarini ochish, yurt otalari ekanliklarini tushuntirish mumkin boʻladi. Gap ittifoqda, bahamjihat boʻlishda, ukam. Oraga fitna solish yomon narsa. Soʻngra har kim oʻz vazifasini bilishi kerak: Yaralarimizga, dardlarimizga malham qidirgan va olamdan xabardor, koʻzi ochiq odamlarimiz bor. Yurt qaygʻusiga ular chora koʻradi. Sanga nima? San oʻz tirikchiligingni qil. Qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarma! Zavolli Turkiston uchun boylar kerak!

Yoʻlchi gʻazablanib, «Bitta oʻqimishli sizmi?» deb qichqirmoqchi ham boʻldi, lekin lozim topmadi. Tishini qisib, sabrsizlik bilan oʻrnidan turdi. Hali u bu uyga kirarkan, boydan haqini talab qilish uchun «mulla aka» dan yoʻl-yoʻriq soʻrash, mumkin boʻlsa, bir ariza yozdirish fikri boshiga kelgan edi. Endi, barchasidan voz kechdi va oʻz ichida shunday oʻyladi: «Boylarning jarchisi ekan. Boylar, boyvachchalar anoyi emas, unga oʻz mehmonxonalaridan joy berib, ziyofat qilishlari bejiz emas ekan. Boylar yurtning otalari emish! Ular ishining rivojlanishini orzu qilishim kerak emish-a! Kallami, oshqovoqmi? Essiz shuncha gazet, essiz shuncha kitob..»— U eshitilar-eshitilmas ovoz bilan «xayr» dedi. Yoʻlchi bu soʻzni Abdishukurga aytib, u bilan xoʻshlashdimi, yoki bu soʻzni «mayli» ma’nosida ishlatib, oʻz-oʻziga dedimi,— bilish qiyin edi. Abdishukur oʻrnidan turish-turmaslikni bilmay, bir qoʻzgʻalib qoʻyib, yana oʻtirib qoldi.

Vaqt kechga oqqan edi. Yoʻlchi yana bozorga qaytishni istamadi. Choyxonalardan biriga kirdi. Ustunga suyanib, taxta karavotda oyogʻini uzatib oʻtirdi. Choy chaqirdi. Choyxonada uzun boʻyli, uzun koʻlohli qalandar koʻzlarini yumib, qalin, yangroq ovozini baland qoʻyib, Mashrabdan gʻazallar oʻqiydi. Paxtalik choponi ustidan uzun eski oq yaktak kiygan, boshiga kattagina salla oʻragan, oʻn-oʻn ikki yashar yumaloqqina bola tiyrak koʻzlarini javdiratib, chinqiroq tovush bilan qalandarga joʻr buladi. Ular odamlardan chaqa yigʻib gʻoyib boʻlgach, Yoʻlchi choyni ohista hoʻplab Abdishukurning soʻzlarini esladi, dam achchiqlanib, dam kinoya bilan iljayib fikran Abdishukur bilan bahslashib oʻtirarkan, birov uning yelkasini qattiq turtdi. Yoʻlchi alanglab qaradi: choyxonada hamma tik turadi, qoʻllar qovushtirilgan, koʻzlar qoʻrquvli, notinch. Yoʻlchi oʻzidan bir necha qadam narida xoʻmrayib, hammaga razm solgan shop moʻylov, yumaloq, sariq politsiya boshligʻini koʻrib qoldi. Bu toʻra «sartlar» toʻplangan joylarda birdan paydo boʻlar, gʻazab chaqmogʻini chaqib, oʻz hokimiyatidan «sartlar»ni ogohlantirib, yana yoʻqolar edi. Ayniqsa, urush boshlangandan buyon bunday «kezishlarni» va zugʻumini kuchaytirgan edi. Yoʻlchi ilgari, hamma kabi, noilojdan unga salom berib yurar edi. Hozir uning zaharli nazari ostida, sekingina yerga tushdi, lekin qoʻl qovushtirmadi, qandaydir xomushlik, beparvolik bilan jimgina turdi. Politsiya boshligʻi unga tomon keskin qadam tashladi, pishiq oʻrilgan charm qamchini bilan Yoʻlchining ochiq koʻkragini va boʻynini uzib oldi. Yoʻlchi seskanmadi, koʻzlariga gʻazab quyulsa ham, vaziyatini oʻzgartmadi. Qamchi uning badanini emas, koʻnglini tilganday boʻldi. Politsiya boshligʻining koʻzlari koʻk olov bilan yonib ketdi, boʻgʻilgandan yuzi qizarib tirishdi. Shu vaqtda katta sallali, tetikkina bir chol qoʻllarini koʻkragiga qoʻyib yalindi: «Toʻram, taqsir, man binovat. Pajaliska, pajaliska. Bola paradkani sapsem bilmaydi. Kechiring, toʻra!..» Yoshimni hurmat qil, deganday, koʻrkam, oq soqolini koʻrsatdi. Politsiya boshligʻi yarim ruscha, yarim «sartcha» soʻkishlar bilan cholni jerkib tashladi. Bu holiga Yoʻlchining yuragini ezdi.
— Ota,— dedi Yoʻlchi cholga borib,— rahmat sizga, lekin zaharini solgan ilonga yalinish yaramaydi!
— Uzr ayt, bolam. Zolim bilan tenglashma!— dedi chol.
— Nima gunoh qildim? Qamchiga uzr soʻraymanmi!— dedi-da, Yoʻlchi sekingina oʻz joyiga oʻtirdi. Qoʻydek yuvosh «sart»dan bunday muomalani sira kutmagan politsiya boshligʻi achchigʻidan tutaqdi. Yoʻlchining yuz-koʻzi aralash yana qamchi soldi. U qimir etmadi, faqat chaqqonlik bilan qamchinnng uchini ushlab qoldi. Politsiya boshligʻi keskin siltab tortdi, lekin yigit qoʻyib yubormadi. Politsiya boshligʻi chala-yarim bilgan «sart»cha soʻkishlarni qalashtirib, yongan koʻzlarini atrofga, boshqa odamlarga olaytira boshladi, Yoʻlchining bu jasorati—shu yerdagi hamma «sartlar»ning ishi emasmi, degan bir shubha unda tugʻilgan edn. Yoʻlchi buni payqadi-da, bir zumda odamlarga qarab chiqdi. Ba’zilarning koʻzida zulmga nafrat, ba’zilarida yolgʻiz qoʻrquv koʻrdi. Eshikka yaqin turgan odamlarning qochishga moʻljallayotganini sezdi. U oʻz tufayligidan bir koʻp odamlarning ayblanishi mumkinligidan qoʻrqdi. Qamchini asta qoʻyib yubordi-da, sekingina oʻrnidan turdi. Ammo, qoʻl qovushtirmay, yana loqayd qoldi. Bir qoʻlida chilim, bir qoʻlida choynak koʻtarib, yoʻl ustida choyxonachi yugurdagi turadi, u qoʻrqqanidanmi, yo Yoʻlchiga achinganidanmi koʻzlaridan moʻl-moʻl yosh quyadi.

Hammaning tili kesik, faqat shipga osilgan bedanalar urinadi. Toʻrqovoq yorigʻidan bir qancha tariq va qush tezagi politsiyaning shop moʻyloviga, koʻkragiga toʻkildi. Lekin u sezmadi buni. Odamlarga oʻtirish uchun qoʻpolgina ishorat qildi. Keyin toʻxtovsiz soʻkib, jahl bilan Yoʻlchiga ruschalab bir nima dedi. Yoʻlchi boshini silkib, tushunmaslnginn bildirdi. Orqadagi bir keksa mirshab: «Otingni, dadangning otini ayt!..» dedi. Yoʻlchi aytishi bilan politsiya boshligʻi va mirshab bir-birlariga ma’noli qarashdi. Mirshab Yoʻlchining qoʻlidan tutdi va oʻqraygan holda, bobilladi: «Rosa qoʻlga tushding! Uch kundan beri qidiraman sani!» Yoʻlchi sababini surishtirmadi. Tishini qisirlagib dedi: «Toʻpning ogʻziga qoʻyib otib yuboringlar mani, qonxoʻrlar!» Politsiya boshligʻi choyxonachiga nima toʻgʻrisidadir baqirib, eshikka chiqarkan, Yoʻlchini turtdi: «Ayda, yomon odam!» Yoʻlchi orqaga burilib, butun achchigʻi bilan hayqirdi: «San odam emas, choʻchqasan!» U qamchini, Yoʻlchi esa choʻqmoqday mushtini koʻtardi...

Oʻn oltinchi bob

I

Zangori bir nur bilan porlagan tiniq samoda balandlanib, magʻrur turnalar allaqachonlar uchib oʻtdi. Yana bahor... Quyosh kundan-kun kuchliroq qizdiradi. Churik boʻgʻotlari osilgan, qish boʻyi shiplardan suv siljib tomchilab, odamlarni burchak-burchakka qisilishga majbur etgan eski uylarning tomlari chetida maysalar koʻkaradi. Keyinroq, bu maysalar, koʻkatlar orasida lolaqizgʻaldoqlar qon-olov rang bilan yona boshladi. Yarmidan ortigʻi sotilgani uchun, Shokir otaning tumorcha shaklli kichkina hovlisidagi nokning yoʻgʻon, egri, chirik tanasida qaqqaygan ikki katta butoq ham oppoq gul bilan qoplangan.

Yer oluvchining orzusi va rejasiga muvofiq, rahmsiz ravishda kesilib, tumorcha shakliga kirgan, keksa nokli, faqir hovlida Unsin ikki yarim oydan buyon yashaydi. Chol ham, kampir ham uning koʻnglini koʻtarishga har vajh bilan tirishadilar. Ularning biri olti yashar, biri toʻrt yashar yetim nabiralari Unsinni sevadilar. Unsin kelgandan buyon kasallarga kinna solish, tuqqan xotinlarga doya boʻlish uchun kampir bemalolroq yura boshladi. Kampir yoʻq chogʻlarda Unsin bolalarni oʻz bagʻrida olib oʻtiradi, ularni yuvintiradi, eski-tuski kiyimlarini yamab-yasqab, butun qiladi. Kechqurun dekchani qaynatib — qora shoʻrva, atala-umoch, moshxoʻrda kabi kambagʻalcha ovqatlarni pishirib, Shokir ota boshliq hammalari oʻrtada baham koʻrishadi. Lekin qiz bularni yumush hisoblamaydi. Xalfa-shogirdsiz, yolgʻiz oʻzi ishlagan Shokir otaning qashshoqligini yaxshi biladi. Haqiqatan, chol u haftadan bu hafta bir necha juft bachkana mahsi tayyorlay oladi. Buni sotib, charm, ip, sirach, mum singari kosibchilik uchun kerakli ashyolar oladi. Bir qancha tanga orttirib qola bilsa, roʻzgʻorga xarjlaydi. Ba’zi haftalar bozordan qaytarkan, eshikdan alanglanib kiradi, boʻsh xalta-xultalarni uloqtirib, kuyib-pishib soʻzlaydi:
— Teri tagʻin sakrabdi, oldiga yoʻlab boʻlmaydi, oziq-ovqat-chi, qayda! Mosh, gurunch tugul, soʻk ham ololmadim. Soʻk oshini ham xudo koʻp koʻrdi. Qimmat boʻlsa ham noiloj olar edim-a, lekin puldan hemiri ortmadi. He, bu urush boshga bitgan balo boʻldi-da. German ham qursin, xalifai ruyizamin ham qursin, oqpodshoh ham qursin. Enasining mahrini talasharmikan!..

Unsin uning ishini yengillatmoq istaydi. Dastlab ip eshib, mumlab beradi. Ichkari uyda oʻtirib mahsilarga shop qoqadi, shondan tushiradi, pardozlaydi. qoragul, lak surkaydi. Ammo, bu bilan ish u qadar yengillashmaganini bilgach, Unsin mahsi tikuvni oʻrgatishni choldan soʻraydi. Shokir ota dastlab bu talabni eshitgisi ham kelmasa-da, keyincha, qizning qistoviga boʻysunib, oʻrgatishga majbur boʻladi. Chol unga soʻzon — bigiz tutishni koʻrsatadi. Ziyrak qizning qoʻli darrov kelisha qoladi. Tagiga kichkina kursi qoʻyib, oyoqlariga dazgil chalmashtirib, epchil quloch tortadi. Chokni pishiq tikishi bilan birinchi kunlardayoq eski usta Shokir otani hayron qoldiradi. Bundan soʻng ular oʻrtasida ish taqsim qilinadi: chol doʻkonxonada oʻtirib, ish pichib beradi, Unsin ichkari uyda tikadi. Shunday qilib, cholning ishi ancha qulaylashdi. U endi vaqtining koʻpini har kim keltirgan yamoqlarni yamash bilan oʻtkaza boshladi...

Bunday hayot bir qarichlikdan yoʻqchilikka, mehnatga koʻnikib oʻsgan qizni sira bezdirmadi. Lekin, koshki akasi Yoʻlchi boʻlsa!.. Unsin yolgʻizgina Yoʻlchini yoʻqlaydi, yuragi uning hasrati bilan toʻla; qoʻllari ish tikarkan, koʻzlaridan oqqan qaynoq tomchilar quyulib, uning goʻzal yuzini kuydiradi...

Yoʻlchi qanday mehribon aka edi! Hammollik kunlari deyarli har kun oqshom kelar, Unsinni chaqirib hol-ahvolini soʻrar, koʻnglini yupatar va albatta, pul berib ketar edi. Qiz bu pulni Shokir otaga berib, uni quvontirar, moʻl-moʻl duolar olar edi. Qani u sevikli aka, qaerda, qaysi zindonda yotadi?!

Yoʻlchining toʻsatdan gʻoyib boʻlishi, qizni va chol-kampirni ancha tashvishga soldi. Chol bir necha kun yursa ham, tursa ham boshini chayqab: «Bu nima gap, qizim? Aqlli, hushli kap-katta yigit birdan qorasini koʻrsatmay ketsin!» der, ba’zan, qizni yupatish uchunmi, yoki chindanmi, shunday deb qoʻyar edi: «Ha, yigit maxluq shunaqa boʻladi. Yoʻlchining ayni olov vaqti-da, bironta oʻz tengi bilan birga baxt qidirib ketdimi, xuvori!»

Chin xabarni esa keyinroq Qoratoy keltirdi.

Shundan buyon Unsin yigʻlaydi. Shokir ota: «zolimning zulmidan asra!» deb Yoʻlchi uchun qay gʻuradi.

Doʻstining dom-daragini surishtirish uchun Qoratoy temirchi yelib yuguradi...

Unsin Mirzakarimboynikida yasharkan, akasining hayotida dahshatli bir voqea kechganligini sezsa-da, bu narsa unga dastlab chuqur bir sir kabi koʻrindi. Keyinroq, Gulnor bilan har kun soʻzlashish natijasida, boyning bu yosh va chiroyli xotini va Yoʻlchi bir vaqtlar bir-birlarini sevishganliklarini gumon qildi. Faqat, Shokir otaning uyida yashay boshlagach, Unsin hamma voqeani — akasi bilan Gulnorning sevgi ertagini kampirdan toʻla eshitdi. Tabiiy, Yoʻlchining baxtsiz sevgisi yosh qizning xayoliga gʻoyat kuchli ta’sir koʻrsatdi, uning yuragida chuqur yara ochdi. Buning ustiga Yoʻlchining qamalishi!.. Yuragidagi shuncha gʻam-gʻussani koʻtarib, yana singlisiga onaday, otaday mehribon va gamxoʻr akadan ayrilish!.. Unsin yigʻlaydi va oʻylaydi: «Nega u shuncha baxtsiz? Shunday chiroyli, shunday kelishgan, shunday aqlli, koʻngli ochiq va shunday mard yigitni nega buncha qiynaydilar!» Qiz Mirzakarimboylarni, hokimlarni, toʻralarni qargʻaydi, ularga oʻlim tilaydi. Qargʻishdan boshqa narsaga kuchi yetmaydi.

Unsin Gulnorni butun koʻngli bilan sevar, Gulnorning xayoli yolgʻiz Yoʻlchida ekanini, Yoʻlchi uchun doimo iztirobda ekanini yaxshi bilar edi. Lekin Mirzakarimboy uyidan nafrat qilgani uchun, bir mahallada boʻlishiga qaramay, Gulnorni bolalarcha sogʻinishi va Gulnor ham unga koʻz tikib oʻtirishini bilgani holda — siyrak qatnar edi.

Bahor quyoshining nurlari koʻk dengiziga sigʻmay toshadi. Keksa nok daraxtining gullari oppoq qorday uchqunlanadi. Unsin tumorcha shaklli hovliga namat yozib, kursida oʻtirib mahsi tikadi. Yupqa devor bilan hovlidan ajralgan doʻkonxonada Shokir ota ishlaydi. Ba’zi vaqt uning qoʻshigʻi Unsin qulogʻiga yetadi. Chol xasta ovoz bilan kuylaydi. Ovozini bir qoʻyib, yana toʻsatdan jim boʻladi: «Puf-puf»— teriga suv purkaydi va koʻva bilan doʻq-doʻq urib, charmni tekislaydi... Soʻng birdan yana kuyni boshlaydi. Ammo, uning qoʻshigʻi, yigʻi kabi, yuragining bir parchasini oʻlim uzib ketgan, gʻarib, dardkash odamning yoʻqlashi kabi tuyuladi. Unsin diqqat bilan tinglab, mana shu misralarni uqib oladi:

Koʻrmasaydim bu umr sahrosini,

Chekmagaydim koʻkka oʻtlik ohini.

Pora-pora yirtdi koʻksimni stam,

Soʻrgʻuvchi bormi koʻngilning zorini?..

Kampir uyda yoʻq. Bolalar oʻynab kelgani koʻchaga chiqib ketgan. Qaerdadir chumchuqlar chirqillashadi. Tanho Unsin mahsi tikish bilan ovora. Mahsining choki pishiq boʻlsin uchun, mumli yopishqoq ipni har qatimda barmoqlari bilan «qir-qir» tortib qoʻyadi. Tikishga yangi boshlagan chogʻlarda, mumlangan ipning barmoqlarga yopishuvi va tortgan vaqtda quruq «qitirlashi» qizning gʻashini keltirar edi. Endi bu narsa bilinmaydi.

Qiz moʻljallangan ishni bitirib, oʻrnidan turdi, tomlarga qaradi, bahor, kelgandan boshlab, tomlarda yosh-yosh qoʻshni qizlar koʻrinib qolar edi. Ular jamalaklariga tol bargaklarini taqib kezishar, Shokir otaning tomi labiga qator tizilishib, bu «mahsidoʻz qiz» bilav bijir-bijir soʻzlashib ketishar edi. Hozir ular ham yoʻq. Unsin tumorcha shaklli hovlida aylanadi, tanholik va hasrat uning yuragini ezadi. Onasini, qishlogʻini eslaydi. Akasining dardi bilan toʻlgan qalb uchun, yaqindagina oʻlgan onaning motami oʻz keskinligini bir darajada yoʻqotgan edi. Ammo, hozir uning qalbida ona hasrati birdan toʻlqinlanadi. Qani u, bolalarini oʻstirib, orzusi koʻksida ketgan shafqatli ona? Uni koʻrish, quchish mumkinmi? Qiz butun vujudini toʻsatdan qoplagan ogʻriq bilan onasini xotirlaydi, uning koʻzlarini, yurish-turishini, odatlarini, jonli ovozini va butun siymosini dahshatli bir sogʻinish bilan koʻz oldiga keltirishga tirishadi. Lekin, tepalikdagi xarob qishloq goʻristoni va onasining doʻmboq qabrigina butun chinligi bilan uning koʻzlariga qadaladi. Qiz chuqur, ichdan kelgan bir xoʻrsinish bilan xoʻrsinadi. Yoʻlchi Toshkentdan borgan vaqtda, uni ona qabriga boshlab chiqqan edi. Qalin qor bilan qoplangan qabrga boshini qoʻyib, Yoʻlchi tovushsiz, lekin butun oʻgʻillik muhabbati bilan uzoq yigʻlagan edi. U chogʻ goʻriston qor edi. Hozir, albatta, bahor koʻkatlari bilan toʻshalgan... Uzoqda baland, past togʻlar yashnaydi, tepalar, adirlar rang-barang gullar bilan yasanadi, soylikda suvlar toshib hayqiradi. Lekin bularning barchasini ona koʻrmaydi sira!

Qishloqdan chiqarkan ikkinchi akasi Ergashga yalingan edi: «onamga fotiha oʻqib yuring, payshanba kunlari kechqurun, albatta, sham yoqing». Ergash akasi buni bajardimi, yoʻqmi — Oʻylar ekan, paranjini qiyshiq yopinib, kampir kirib keldi. Unsinning yuzida har vaqtdagidan koʻra oʻtkirroq dard sezib, bu kuyunchak qiz yoyilib kelsin uchun, qoʻshnilarnikiga chiqishga buyurdi va oʻz tengi qizlari boʻlgan bir necha hovlini koʻrsatdi. Ammo Unsinning koʻngli oʻyin-kulgini koʻtarmas, shodlik unga begona edi. Uiga dardlarini oʻrtoqlashuvchi sirdosh — qaygʻudosh lozim edi. Kampir, har qancha mehribon boʻlmasin, Unsinning koʻngliga, oʻylariga, kechinmalariga yaqinlasha olmas edi. U toʻylardan, azalardan, kir roʻmolning uchiga tukkan chaqasi kabi, esiga mahkam joylab keltirgan «mish-mish»larni har vaqt ezmalik bilan soʻylar edi: «Falonchining xotini oʻlgan ekan, goʻri sira qazilmabdi. Goʻrkov ketmon ursa, yer naq toshday, ketmon yuzini qayiribdi... Bilasanmi, u xotin tirikligida nuqul «burma koʻylak» kiyar ekan, mana jazosi! Falonchining kelini toʻrt oyoqli bola tugʻibdi, peshonasida ham bir koʻz bor emish, yo qudratingdan oʻrgilay! Falonchi odam yongʻoq tagida uxlab yotgan ekan, ajina chalib ketibdi. Falon yurtda odamlar ya’juj-ma’jujni koʻrishibdi. Oxir zamon yaqinga oʻxshaydi, qizim». Bunday gaplarni deyarli har kun eshitganidan, Unsin ishonmas va tinglashdan ham bezgan edi.

Kampirning qistovi bilan qiz paranji yopindi, lekin qoʻshni qizlarnikiga emas, Gulnor bilan dardlashgani ketdi. Mirzakarimboyning hovlisi eshigida toʻxtab, ichkariga moʻraladi. Hakim va Salimboyvachchalarning xotinlariga koʻzi tushdi. Ular derazalari lang ochiq turgan qarshidagi bir uyda yasangan-tusangan yosh ayollar bilan chaqchaqlashib oʻtiradilar. Ularning chagʻir-chugʻur aralash qahqahalari hovlini yangratadi. Gulnorga tegishli toʻrdagi bir uy, bir ayvon jimjit. Unsin bu tomonga ikki-uch minut razm soldi. Uy ichidan deraza orqali Gulnorning koʻlankasi koʻringach, hovlining chetidan chaqqon yugurdi.

Gulnor shoshib-pishib uydan chiqdi, Unsinni zinada qarshi oldi. Soʻzsiz, lekin butun yurak tuygʻularini ifoda etgan koʻzlari bilan termilib, qizni uzoq quchoqladi Uyga kiritgach, samimiy ravishda shikoyat qildi:
— Bilasiz-ku meni, bu yerda tanhoman. Orasi yaqin boʻlishiga qaramay, bu gʻarib opangizdan tez-tez xabar olmaysiz. Oʻzim chiqib kelay desam, iloj topolmayman: ostonani bosishga haddim yoʻq...

Unsin: «Men bu uyni yomon koʻraman» deb Gulnorni battarroq xafa qilishni istamadi. Uning shikoyati qarshisida bir qadar taraddudlanib, soʻng yumushlari koʻpligini, kampir bir qancha kundan beri boʻlmagani uchun, bolalarni tashlab chiqolmaganini bahona qildi.

Gulnor deraza ostiga koʻrpacha solib, qizni oʻtqazdi va oʻzi ham yaqin oʻtirdi. Koʻzlarini bir-birlaridan bir on boʻlsin ayirmay, sekin-sekin dardlasha boshladilar. Gulnorning yuragi yana yaqinroq, hasrati yana chuqurroq koʻrindi Unsinga, shuning uchun bechora qiz akasining taqdiri toʻgʻrisida soʻz ochmaslikka tirishdi. Ammo, Gulnorning butun mavjudiyati u yigitning xayoli bilan band boʻlganidan, u, har vaqtdagi kabi, Yoʻlchi haqida soʻzlay boshladi. Faqat, hovlida kimningdir qadam tovushini eshitib, darrov jim boʻldi.

Dahlizda Salimboyvachchaning xotini Sharofatxon koʻrindi. U ichkari kirmadi, uzoqdan soxta tovush bilan choʻzibgina gapirdi:
— Gulnoroy, yuring bu yoqqa, mehmonlar xafa boʻlishadi-ya, ular sizni deb kelishgan. Ham obroʻli odamlarning xotinlari, siz mensimaganga oʻxshaysiz...

Gulnor oʻrnidan turib, Sharofatxon tomonga ikki-uch qadam qoʻydi va yumshoqlik bilan soʻzladi:
— Ularga bir koʻrinish berdim. Oʻzlaringiz juda xursand boʻlib oʻtiribsizlar, mana menda ham mehmon bor.
— Ey... Hammasi bahona. Shu ham mehmonmish! He-he-he... Siz boring, Gulnor. Unsin picha yumush qilsin.— Sharofatxon oʻshshayib goh Unsinga, goh Gulnorga kinoya bilan qarab davom etdi.— Unsin, shumtaka akangdan darak bormi? Jazzasi... Oʻris amaldorga tegajaklik qilishni unga kim qoʻyibdi? Kambagʻal narsa chorigʻini sudrab, tinch yursa boʻlmasmidi?! U endi qamoqda chiriydi. Jazzasi...

Gulnor indamay yerga qaradi. Keyin qayrilib Unsin yoniga oʻtirdi.
— Xafa boʻlmang, Unsin,— titrab gapirdi Gulnor,— akangiz chiqqan kun siz kelib, kelinoyingizni uyaltirasiz...

Sharofatxonning soʻzi Unsinga qattiq tekkanidan, rangi oʻchib, yerga qarab qoldi. Lekin Gulnorning soʻzi unga dalda berdi. Qaddini koʻtarib, jasur boqdi Sharofatxonga:
— Kelinoyi, akam birovning tomini teshib qamalgan emas, yo birovning haqini yegan emas. U kambagʻal boʻlsa ham, yalinchoqlikni bilmaydi. Toʻgʻrilikdan, mardlikdan qamalgan...
— Mardmish! Qishloqi boʻlsang ham bir mahmadonasanki...— dedi-da, Sharofatxon lab-lunjini burib ortiqcha kibrli yurish bilan chiqib ketdi.

Gulnor bir «uh» tortib:
— Koʻrdingizmi?— dedi-da, Unsinga qaradi. Goʻyo u birgina soʻz va boqish bilan bu uyda va bu odamlar orasida kechirmoqqa majbur boʻldigi hayotning butun ogʻirligini ifoda qilmoqchi boʻldi.
— Qiyin,— dedi peshanasini tirishtirib Unsin. Gulnor dasturxon yozdi. Hovlidan bir choynak choy keltirdi. Oʻzi hech nimani istamasa ham, qiz tortinmasin deb undan-bundan yemoqqa urindi va mehmonini undadi, bunga qaramay Unsin ikki piyola choy ichib, dasturxonni yigʻdirdi.

Gulnor deraza orqali hovliga koʻz tashlab, Unsinga yana yaqinroq oʻtirdi va shivirladi:
— Unsinoy, ancha vaqtdan buyon oʻzimcha bir narsani oʻylayman, shuni sizga aytay. Bu oʻyim toʻgʻrimi, yoʻqmi, siz gapiring...

Unsin butun diqqatini tuygʻun koʻzlariga toʻplab, Gulnorga tikildi.
— Bu zamonda,— davom ettirdi soʻzini Gulnor,— kim boy boʻlsa — uning ogʻzi katta, tili uzun. Bilasizmi, boylardan bittasi oʻrtaga tushsa, akangizni qamoqdan boʻshatish oson boʻladi. Shuning uchun siz Hakimboyvachchaga yoʻliqib, unga yalinsangiz, Yoʻlchiboyning arzimagan narsaga qamalganini, yot yerda yoppa-yolgʻiz qolganingizni aytib bersangiz... Shoyad sizga rahm qilsa... Oʻris amaldorlardan uning gunohini tilasa... Men oʻylab-oʻylab shundan boshqa iloj topolmadim. Bular, har nima boʻlmasin, sizga qarindosh-ku. Hakimboyvachcha ukasiga ham, dadasiga ham oʻxshamaydi, rahm qilsa ajab emas. Lekin,— Gulnor nafasini rostlab, yana atrofga koʻz tashlab, davom etdi,— man bu narsani anchadan buyon oʻylayman-ku, akangiz qamoqdan chiqib, bizdan xafa boʻladimi deb qoʻrqaman. U bularning hammasini yomon koʻradi. Boshqa iloj yoʻq. Oʻzi qutulsa, bas emasmi? Lekin Hakimboyvachcha hozir boshqa shaharda, u kelsin.

Unsin chakkasiga qoʻlini tirab, gʻamgin vaziyatda, bir daqiqa oʻyladi... Keyin birdan yengillanib, past ovoz bilan soʻzladi.
— Mayli, Gulnor opa, akam mandan xafa boʻlsin. Hammasini oʻzim qildim, deyman... Lekin, bir nima chiqarmikan, shunga hayronman: axir, akamning ustidan chaqiq boʻlganmish-ku? Boylarning chaqigʻi bilan Yoʻlchining ishi ogʻirlashdi, dedi Shokir ota.

— Chaqiq?—taajjublandi Gulnor.— Bilmadim. Balki Salimboyvachcha chaqqandir. Akangizdan kaltak yegan u. Mana xotinini koʻrdingiz-ku, nimalar dedi?

Unsin Gulnorning soʻzlariga e’tiroz qilolmadi. Lekin Hakimboyvachchaga koʻrinishga taraddudlandi.
— Man bu yerda yashaganimda u kishi yoʻq edi,— dedi Unsin,— undan keyin ham sira uchratganim yoʻq. Otini eshitaman, xolos, qanaqa odam, bilmayman. Ham boshqa shaharda deysiz, qachon qaytadi, kutib turamizmi?.. Mirzakarimboy togʻamdan soʻrasam, qalay boʻlarkan? Uni... xush koʻrmasam ham, u, til uchidanmi har vaqt manga «jiyanim» deb, shirin gapiradi. Bir unga yalinib koʻray, nima deysiz, Goʻlnor opa?

Gulnor boshini egib, chuqur sukutga botdi, bir lahzada yuzini iztirob koʻlkasi qopladi. U oʻz ichida oʻylab qizni Hakimboyvachchaga yalintirishga majbur qilishni istamadi ham uning qay vaqt qaytishini bilmas edi: balki bir oy, balki ikki oydan soʻng... Ammo, oʻzining chol eriga hech kimning yalinishini istamaganidan, ikkilanib qoldi. Boydan shuncha jabr koʻrgan, shuncha haqoratlangan yigitning singlisi yana undan tilasin... «Qiz hali yosh. Akasining boshidan oʻtgan voqealarni yuzakigina bilsa kerak. Balki, shoʻrlik qiz, akasini bir kun ilgariroq koʻrishga intilgani uchun bunga rozidir»... deb oʻyladi-da qizning boshini siladi va indamasdan, sekingina hovliga chiqdi.

Unsin oʻz soʻzining Gulnorga qattiq tekkanini sezdi, afsuslandi, koʻngli allanechuk parishon boʻldi: «Xoʻp. Hakimboyvachcha kelsin, unga yalinay, Gulnor opaning aytgani boʻlsin...» dedi oʻz ichida qiz.

Tokchalari har xil qimmatbaho asbob-idishlar bilan toʻla boʻlgan, taxmonlarida ipak, atlas koʻrpalar shipga qadar taxlangan, qoʻsha-qoʻsha gilamlar yashnagan bu uy Unsin yolgʻiz qolarkan, allaqanday sovuq tuyuldi. Boshqa vaqtda, boshqa yerda koʻzni beixtiyor tortuvchi buyumlar hozir qizning ruhini siqdi. U Gulnor orqasidan chiqmoqchi boʻlganda, Gulnorning nozik va nafis qomati dahlizda koʻrinib qoldi. U uyga kirib, tik turgan holda, yoniq, yigʻlovchi tovush bilan dedi:
— Unsin, boshqa yoʻl yoʻq. Choldan soʻrang. U har baloni biladi, har ishning uddasidan chiqadi. Man hali rozi boʻlmagandim. Unsin, mayli, soʻrang, yalining. Siz yalinasiz, ammo akangiz yalinmaydi, bulardan oʻchini oladi. Yaxshi bilaman buni. U qamoqdan qutulib chiqsa, uni bir koʻrsam, nima qilish kerak, man oʻzim aytardim... Uh, shu bugun soʻrang, shu yerda, mening qoshimda soʻrang... U, rahm-shafqatni bilmaydi. Mayli, yana bir marta sinaymiz!

Gulnorning butun qat'iyat va hasrat bilan aytgan soʻzlari va qoʻllashga majbur boʻldigi tadbir, uning, Yoʻlchi uchun qanday kuchli qaygʻurganligini qizga yana chuqurroq sezdirdi. Unsin chol kechga qolmay kelsa, uni kutishini soʻzladi.

Mirzakarimboy namozasrga yaqin keldi. Unsin oʻrnidan turib, qoʻl qovushtirib, bir chekkaga suqildi. Boy salla-choponini yechib, xotiniga berdi, qoziqdan doʻppisini olib kiyib, koʻrpachaga oʻtirdi-da, Unsinga qaradi:
— Jiyan, shundamisan? Oʻtir-oʻtir...

Chol har vaqtdagi kabi jiddiy sukutga botdi, soʻngra soatiga qaradi.
— Hay, kim,— Gulnorni shunday chaqirdi u,— ovqatni tezroq qilinglar.

Gulnor eshitilar-eshitilmas bir nima deb javob berdi va tokchadan asbob olmoqchi boʻlib, qizga yaqinlashdi-da, koʻzlari bilan unga imo qildi: «Soʻzlang!» Unsin bir necha minut soʻz topolmasdan iymanib, ikkilandi. Nihoyat titroq tovush bilan dedi:
— Togʻa, man sizni kutib oʻtirgan edim.
— Manimi?— chol boshini koʻtarib qizga qaradi.— Hali ham anov... mahsidoʻznikidamisan? Akang tentak yigit, koʻp noqobil chiqdi.
— Yaxshimi-yomonmi, u sizga jigar boʻladi. Ham sizda shuncha yil ishladi. Togʻa, man bu yerda yolgʻizman. Onam boʻlsaydi, qishlogʻimga ketardim. Togʻa, sizga yalinib keldim, Yoʻlchi akamni qamoqdan chiqarishga koʻmaklashing. Sizni hamma taniydi: oʻris toʻralari soʻzingizni yerda qoldirmaslar, ikki ogʻiz soʻzingizni bizdan ayamang. Onamning arvohini xursand qilasiz, togʻajon!—qiz soʻnggi soʻzlarni yigʻi aralash, bazoʻr soʻzladi. Boy bir-ikki minut jim qoldi.
— Akang juda tentak, juda boʻlimsiz yigit,— dedi nihoyat poʻngʻirlab boy,— axir, amaldorlarimiz, hokimlarimiz bilan hazillashib boʻladimi?! Oʻris amaldorlariga nechogʻlik ta’zim bajo qilsang, shuncha yaxshi. Ulardan hech bir kishiga yomonlik kelmaydi, ular yolgʻiz tartibni, tavozeni talab qilishadi. Chunki ular hokim, biz fuqaro. Man oʻzim har bir amaldorga qoʻl qovushtiraman, man-a, man! Akang-ku bir yalangoyoq narsa.
— Akam yoshlik qilgandir ham oʻzi uncha-muncha gapni koʻtarmaydigan yigit, ilgaridan fe’li shundoq. Onamning arvohi uchun, man uchun yordam qiling, togʻa!
— Qadimdan qolgan bir gap bor, jiyan: «Olatoʻgʻanoq ogʻir boʻlsa ham qarchigʻaydek boʻlmas»,— zaharxanda bilan soʻzladi chol.— Uning qoʻli qaerga yetadi? Oʻz qishlogʻida, oʻz tenglari orasida har noma’qulchilikni qilsa oʻtaveradi. Bu yer shahri azim, bu yer Toshkent. Xoʻsh, u tentakni qutqazib nima qilasan, jiyan? U tuzalmaydi. Qamoqda ezilsa, mulla mingan eshakday boʻynini solib, bir kunmas-bir kun balki chiqib kelar, qoʻyaverish kerak, jiyanim, Unsin...

Unsin bunday muomalaga, bunday zahar tilga qarshi qanday javob berishni bilmay gʻazabdan qaltiradi. Boyning soʻziga dahlizda quloq solib turgan Gulnor chiday olmadi, uyga kirib, Unsinning yoniga choʻqqayib oʻtirdi va dadil gapirdi:
— Shu yetim, shu gʻarib qizning koʻz yoshlariga achinmaysizmi? Sizdan boshqa kimi bor? Hammalaringning yuraklaring tosh-metindan ham qattiq ekan... Jilla boʻlmasa yaxshi soʻzlang, dalda bering bu qizga...

Mirzakarimboyning rangi oʻchdi, koʻz oqlari dahshatli ravishda oʻynab ketdi. Jahldan duduqlanib, Gulnorga baqirdi:
— San-sanga nima? Ab-ablah!.. Kimga achinaman? Uning bir muttaham temirchi doʻsti bor. Shokir ezma degan bir otasi bor. Ular qutqarsin. San bu ishga ikkinchi marta qorishma!..

Gulnor keskin harakat bilan oʻrnidan turdi: «Sizlar odamgarchilikni bilmaysizlar!» dedi-da, qaltirab dahlizga otildi. Uning orqasidan Unsin chiqdi, entikib-entikib dedi:
— Akamni shuncha yil ishlatib, haqini bermadingiz. Endi qamoqda chiritmoqchimisiz? Xudo sizga ham koʻrsatar!

Qiz dahlizda, eshik orqasida kuchli hayajon va sarosimada turgan Gulnorni quchoqladi, sekin shivirladi: «Qaygʻurmang, opajon. Qora kunlar oʻtar, yorugʻlikka chiqarmiz. Man sizni sira unutmayman». Keyin tezgina paranjisini yopindi. Hayajonini, koʻzlaridan oqqan yoshlarni hovlida boshqalar koʻrmasin uchun, shu yerdayoq chachvonini tutdi, «xayr» deb yugura ketdi...

II

Bir oy oʻtdi. Bu oy — Gulnor uchun ayniqsa chuqur qiynalish oyi boʻldi. U erta-kech oʻz-oʻzini koyidi, oʻzining soddadilligi, ishonuchanligidan achchiqlandi: «Esimni tanigandan buyon boyning, uning oʻgʻil-qizlarining yomonligini bilib, koʻrib keldim. Laqma boʻlmasam, Yoʻlchining qamoqxonada chirishini istagan odamlardan uni qutqarishni umid qilarmidim? Bechora Unsin... Gʻamiga gʻam qoʻshildi. Ilgari akasining tez kunda chiqib qolishini kutar edi. Endi-chi? Boyning achchiq soʻzlari, yaramas niyatlari uning yuragini chil-chil qilgandir...»

Unsinni koʻrishga intildi, sogʻinchi har kun zoʻraydi. Lekin qiz biron marta ham koʻrinish bermadi. Gulnor buning sababini, albatta, yaxshi biladi. Unsin unga achchiq qilishi, undan arazlashi mumkin emas. Unsinning yuragi, akasining yuragi kabi. Gulnorga nisbatan toza ham samimiy. Qiz Mirzakarimboy ostonasini bosishni istamaydi, xolos... Shunday boʻlsa ham, Gulnorni har xil mulohazalar, andishalar, gumonlar bosadi. Uning baxtiga, bu oy ichida tez-tez ogʻrib turdi. Betoblik unga yaxshi bahona boʻldi: tabib chaqirishni esga keltirmasdan, «kinna» soldirish uchun Shokir otaning kampirini chaqirtiraverdi. Har gal kampir bilan yolgʻiz qolarkan darrov qizning holini soʻradi. Birinchi marta gaplashuvda Unsinning mahsi tikishini, Shokir ota oilasida hukm surgan qashshoqlikni eshitdi. Yuragi ezildi. Qiz mahsi tikishini, yoʻqchilik, muhtojlik ichida yashashini Gulnordan yashirgan edi. U bilan soʻzlashganda, tirikchilikka oid hech nimadan zorlanmagan edi. Haqiqat ravshan boʻlgach, Gulnor boshi ogʻriguncha oʻyladi. Kampir ketish oldida uch kiyimlik atlasni bir roʻmolga oʻrab, uning qoʻyniga qistirdi. «Sotib roʻzgʻorga xarajat qiling. Jon buvi, aslo Unsinga bildirmang. Uning koʻngli buzilmasin...» deb kampirga tayinladi. Bir haftadan soʻng «kinna» bahonasi bilan kampirni yana chaqirtirib, oʻz kiyimlaridan bir nechasini berdi.

Kundan-kun havo qizidi. Toʻrt tomoni baland uy, ayvonlar bilan oʻralgan hovlida nafas boʻgʻila boshladi. Hakim va Salimboyvachchalarning oilalari boqqa koʻchishdi. Bu kun Yormat qizining koʻchi uchun arava keltirdi. Mirzakarimboy kechqurun izvoshga oʻtirib, boqqa borishini bildirib, erta bilan doʻkonga joʻnadi. Hozir katta hovlida Gulnordan boshqa hech kim yoʻq. Yerga urib sindirishni istadigi sanoqsiz asboblar, idishlarni pala-partish yigʻishtirib, sandiqlarga joyladi. Boqqa olib ketishi lozim boʻlgan buyumlarni bir yoqqa ayirdi. Bu ish juda ma’nosiz koʻrindi, tinkasi quridi.

Oʻzining parishon xayoliga berilib, kimsasiz hovlida keza boshladi. Nechundir bu tanholik va bu jimjitlik unga yoqdi. Oʻz mayliga berilib, gʻayri shuuriy ravishda tashqari hovliga ham chiqdi. Atrofga gʻisht yotqizilib yulka qilingan tep-tekis, chor burchak hovli quyoshda qizib jimgina uxlaydi. Qaysi bir kavakda chumchuq bolalari chirqillaydi, tomdan kaptarlarning oʻksiz «hu-gʻu, hu-gʻu»lari eshitilib qoladi. Damma mehmonxonalarning oynavon naqshli, boʻyoqli eshiklari va derazalari bekik, qalin pardalar bilan qoplangan. Gulnor tentirab yurarkan, koʻzi xizmatkorxonaga tushdi. Hovlining bir burchagiga tiqilgan bu kichkina, koʻrimsiz uyning shalaq-yupqa taxta eshigi ham, oʻyinchoqday bachki, siniq derazasi ham ochiq edi. Gulnor kirdi. Quyoshga ters, burchakka tiqilgan bu uychadan hali qish nafasi oʻchmagan, vaxkashlik va chirik havo nafasga uradi. Devorlari, shiplari oʻrgumchak inlari, ipir-ipir qora islar bilan qoplangan. Qoziqqa osilgan, chang bosgan eski doʻppidan boshqa hech iima yoʻq. Gulnor doʻppini olib qoqdi, yoruqqa tutdi. Yoʻlchining doʻppisi! U, dunyoda eng qimmatli, eng nodir buyumni topgan kabi, hadsiz sevindi. Ter, moy va changni yillarcha shimgan, jiyagi charmday qotib, kirdan yiltiragan bu doʻppini yana tozaladi, qoqdi, koʻzlariga surtib oʻpdi. Yuragida dard toʻlqini birdan kuchli chayqalib ketdi. Uy ichi Yoʻlchi xayoli bilan toʻldi. Oʻtmish ravshanlik bilan koʻz oldida jonlandi. Mana, bir qish kechasi qanday dahshatli qoʻrquv, tahlika ostida bu uyga kirib, qorongʻida Yoʻlchi bilan bir necha minutgina soʻzlashishga jur'at qilgan edi! Ogʻriqqa borib yetgan kuchli bir orzu uning butun vujudini hozir egallab oldi. Yoʻlchining kuchli, erkak nafasini, dudoqlarida uning boʻsasining jonli olovini bir lahza sezdi. Derazaga suyaldi, xayol va kechinmalar sehriga soatlarcha berilib qoldi. Tashqarida kaptarlarning «hu-gʻu»si, chumchuqlarning chirqillashidan boshqa govush yoʻq...

Gulnor birdan choʻchib ketdi: qornida bir nimaning ancha sezilarli ravishda urganini tuydi... Darrov angladi—u homilador! Shu onda qaltiragan, oyoqlarida qitday kuch qolmagan kabi, yerga yiqilayozdi. Bir qoʻli bilan derazaning dastagini ushladi. Koʻz oldi qorayib, butun ichini, borligʻini ogʻriq-alam siqib oldi. Koʻzlarini chirt yumdi. Boshida horgʻin, parishon fikrlar uchdi. «Baxtsiz bola! Tezgina dunyoga qadam qoʻyib, dadangning nabiralari va evaralari ketidan pildirlab yugurmoqchimisan? Agar sen Yoʻlchining bolasi boʻlsang edi, men unga allaqachon sendan xabar berar, undan sevinchi olib quvonar edim. Sen dunyo yuzini koʻrib, chaqaloq ovozing jaranglagan kun, sodda qishloq xotinlari bilan uyimizda kichkina bir toʻy yasar edik. Mana, men — onang, seni unutibman. Oʻz borligingni oʻzing bildirding. Mirzakarimboyning bolasi, uning evarasidan ham kichik bolasi!..»

Gulnor yoʻlak tomondan dadasining ovozini eshitdi. Doʻppini qoʻltigʻiga tiqib, koʻz yoshlarini arta-arta, kalavlanib ichkari hovliga chopdi.
— Qayoqda yuribsan? Bu yoqda shuncha narsa yotibdi, eshiklaring lang ochiq. Juda beparvosan-da, qizim!— norozilandi Yormat.

Gulnor indamadi. Oʻz uyiga kirib, qutilardan birini ochib, kiyimlari orasiga haligi doʻppini joylashtirdi.

Yormat terlab-pishib yuklarni aravaga tashishga boshladi. Uy ichidan uni-buni olib chiqishga, yuklarni orqalatishga qizini ham majbur qildi. Yuklar oz qolgach Gulnor Shokir otanikidan Unsinni chaqirib berishni soʻradi. Yormat nosvoyini tuplab, soʻlagini soqollariga oqizib, qichqirdi:
— Qanaqa Unsin?
— Bilmaysizmi? Bilasiz...
— Ha, taniqlik yetim qiz...— qovogʻini solib, chiqib ketdi Yormat.

Gulnor ayvonda quruq boʻyra ustida oʻtirib, mahsi kiyish bilan ovora ekan, Unsin kirib keldi. Mahsini oyoqlariga nari-beri ilib, hovliga tushdi, qizni quchoqladi.
— Koʻchishlaringni sira bilmay qoldim. Hamma yuklarni man oʻzim saranjomlab berardim,— deb Unsin yumush qidira boshladi.

Gulnor qizni uy ichiga olib kirdi. Katta uyda, dahlizda, katta-katta poʻlat sandiqlar, qutilar, uyum-uyum gilamlar, koʻrpa-yostiqlar, har xil asbob-idishlar tartibsiz qalashib yotar edi. Unsin qarashmoqchi boʻlib soʻradi:
— Bular ham ketadimi?
— Shuncha buyum qayoqqa sigʻadi! Ichki-tashqi uylarda eng kami yuz ellik arava mol bor emish, dadam shunday dedi. Kerakli narsalardan kecha besh arava ketdi. Bugun bir arva ketadi. Unsin, hammasi ortiqcha narsa. Bularning hammasidan manga bir eski doʻppi qimmat...

Unsin qoshini chimirib yalt etib Gulnorga qaradi, lekin soʻngi jumlaning ma’nosini, nechundir, soʻramadi. Gulnor esa, qizning koʻnglidagi yaralarni chuqurroq ochishdan qoʻrqib, bu toʻgʻrida izoh bermadi. Ikkovlari bir sandiq chetiga yonma-yon oʻtirib, har vaqtdagi kabi, sekin-sekin soʻzlashdi. Gulnor agar Yoʻlchidan biron xabar eshitilsa, yo qamoqdan chiqsa, unga bildirishlari kerakligini va oʻzi har xil bahona bilan onasini shaharga tushirishni, ba’zi soʻzlarni onasiga aytish mumkinligini uqtirdi. Yormat bir necha marta qichqirib Gulnorni chaqirgach, ular suhbatni noiloj uzishga majbur boʻldi, ikkisi ham chuqur samimiyat va doʻstlik hissi bilan quchoqlashishdi. Ikkisining ham koʻz bulogʻi qaynab toshdi. Gulnor oddiy qizil tosh koʻzli kumush uzukni choʻntagidan olib, Unsinga koʻrsatdi.
— Buni yosh qiz vaqtimda, hu, mundan qancha yil ilgari, oyim sotib olib bergandi,— madorsizlanib, yigʻi aralash soʻzladi Gulnor,— shundan buyon har vaqt taqdim. Endi, sizga topshiraman, taqib yuring, keyin... agar akangiz chiqsa, unga bering, yonida saqlasin...— Gulnor uzukni qizning qoʻliga berib, yana uni quchoqladi.

Ular paranji-chachvonlarini yopinib koʻchaga chiqishdi. Yormat hamma eshiklarni qulflab, qizini aravada olib joʻnadi. Unsin ham ularning orqasidan bordi, arava koʻzdan gʻoyib boʻlguncha, qarab, kuzatib qoldi.

Oʻn yettinchi bob

I

Issiq, lekin sokin goʻzal kun edi. Chaman-chaman gullar, har xil ekinlar, bogʻlar, suvlar quyoshda yashnab, yonib tovlanadi. Hovuzning boʻyidagi supada, daraxtlarning koʻlankasida, atrofga suvni qalin septirib, Salimboyvachcha yotar edi: boshida oppoq katta par yostiq, tagida shohi koʻrpacha. Bugun juma boʻlgani uchun Hakimboyvachcha va Mirzakarimboy oʻz ulfatlarinikiga gapga ketishgan. Salimboyvachchaning ulfatlari bu hafta mashhur bir boyvachchaning dalasida toʻplanishlari kerak edi; oʻtirish juda qiziq, juda xushchaqchaq, bazm juda qiyqiriqli boʻlishini bilib, bugun har haftadagidan koʻra ertaroq saman yoʻrgʻani egarlatib qoʻygan edi u. Ammo, otni akasi minib ketdi. Izvoshga esa Mirzakarimboy oʻtirib, qari-qartang boylarning «ulugʻvor gapi»ga joʻnadi. Salimboyvachchaga, yaxshi va yurishli boʻlsa ham, koʻrimsizroq bir ot qolgani uchun achchiqlanib, bir-biridan takabbur, bir-biridan kekkaygan boyvachchalarning oldiga bu otda borishni oʻziga ep koʻrmay, dam joʻnashga qaror qilar, dam yana aynar edi.

Sharofatxon qoʻrgʻoncha eshigidan qarab, erining joʻnamaganiga tushuna olmay, supaga keldi.
— Eldan burun otlangan siz edingiz-ku, mana endi kun yonib ketdi.
— Choy olib kel!— boshini yostiqdan uzmay buyurdi Salimboyvachcha.

Sharofatxon tezda bir choynak choy keltirib, piyolaga quyib, erining yoniga qoʻydi va oʻzi ham supaning chetida oʻtirdi, oq shohi roʻmol bilan yelpinib, issiqdan shikoyat qildi. Bir ozdan keyin, eri «ket» deb haydamaganiga sevinib, uy ichida yumushning koʻpligidan, Gulnorning «uchchiga chiqqan takabburligi», hech kimni nazarga ilmasligi va kasali toʻgʻrisida vaysadi.
— Kasali nima, ozib ketibdi kelinchak onamiz? — piching bilan soʻradi Salimboyvachcha.
— Hammasi mugʻambirlik, erkalik, noz! Dadangizga noz qiladi. Kecha choʻri, bugun hammaga onaboshi boʻlib qoldi! Bizlarga: istasang shu, istamasang katta koʻcha, deydi. Tilida aytmasa ham, dilida aytadi.— Sharofatxon bir zum toʻxtab, atrofga qaradi, soʻng tovushini pasaytirib davom etdi,— toʻgʻri, ba’zi xotinlar ikkiqat boʻlganda darmonsizlashadi, boshlari ogʻriydi... buni kasal deb boʻlmaydi, Gulnor ikkiqat boʻldi-yu, noz ustiga noz qoʻshdi, uyatsiz oʻlgur...

— Nima deysan?—Salimboyvachcha hovliqib boshini koʻtardi. Xotini zaharxanda qildi va qornini doʻmbira qilib chaldi.
— Rostdaimi?
— Nega yolgʻon gapiray! Man allaqachon bilgan edim. Hozir oʻzi ham yashira olmaydi. Yashirib boʻladimi, qorni qappayib qoldi-ku...

Salimboyvachchaning rangi oʻchdi, burun kataklari kerildi, piyolani jahl bilan turtib yana yastiqqa tashlandi. Xotini oʻrnidan turib:
— Shoshmang, u hali birinchi qaldirgʻoch, keyinroq orqa-oʻngingizni ukalar, singillar bilan toʻldiradi u,— dedi-da, soʻzini eriga ma’qullatgani uchun gʻururlanib, semiz, katta oyoqlarini dadil bosib qoʻrgʻon tomonga joʻnadi. Salimboyvachcha ichini ilon chaqqanday, toqatsizlandi. Dadasining uylanmoqchi ekanini eshitgan hamon, fikrini uzoq bir vahm kabi bosgan narsa, endi mudhish bir haqiqatga aylanib, butun vujudini kemira boshladi. U koʻzlarini hovuzdagi turgʻun koʻkimtir suvga tikib oʻyladi. «Gulnor oʻzi kim? Uning tufaylidan dadam bilan achchiqlashdim, uni qochirish uchun qancha qiynaldim. Oxirida bu sirning ochilmasligi uchun pochchamga besh ming soʻm, ellik boshiga ming soʻm pul berishga majbur boʻldim. U ochkoʻzlar bundan soʻng ham meni qoʻyishmaydi, albatta. Yaqinda pochcham katta summa zarur boʻlib qolganini soʻz orasida qistirib oʻtdi. Oʻzi kelmasa, erta-indin opamni yuboradi. Ular oldida har vaqt tilim qisiq. Gulnor umrimga egov boʻldi. Yana u Mirzakarimboy xonadoniga boshliq boʻlib kekkaysin, hech kim bilan soʻzlashmasin, tugʻsin, boylikning nishabini oʻz tomoniga toʻgʻrilasin!.. U juda shayton xotin. Uning hiyla-makrining bir tomchisi endi koʻrindi! Qolganini oʻgʻilchasi tugʻilgandan keyin koʻramiz. Yosh, chiroyli xotin dadamning boshini shunday aylantirsinki... Mushuk quvlagan sichqonday biz qochgali kavak topa olmay qolaylik...»

Salim shunday oʻylarga berilib, toʻlgʻanib yotarkan, katta darvoza ogʻir gulduros bilan ochildi. Ikki gʻildirakli yangi izvosh — aravaga qoʻshilgan otni yetaklab kuyov Fazliddin kirib keldi. Ot darvozadan bir necha qadam ichkarida toʻxtagach, Nuri duxoba paranjisini yigʻishtirib, ehtiyot bilan aravadan tushdi. Salimboyvachcha ildamlik bilan ularga yugurdi. Singlisidan ahvol surab, kuyovning qoʻlini siqdi. Nuri qip-qizil va semiz yuzidan oqqan terni yupqa shohi dastroʻmol bilan artib, paranjisining changini qoqdi, qoʻrgʻon ichidan yugurishgan bolalarni oʻpib, quchoqlab ichkariga kirib ketdi. Fazliddin otni ildam chiqarib, daraxtga bogʻladi, yangi shohi toʻnini yechib qoqdi. Salim bilan birga supaga kelib oʻtirdi.

Dasturxon ustida ular soʻzlasha boshladilar. Fazliddin shu atrofdan, «Qurbaqaobod» mavzuidan tayyor bir bogʻ qoʻlga kirganini va uni koʻrishga kelganini bildirdi. «Mevalari oldin-ketin pisha boshlab, ekinlar ekilib, oldingilari tayyor boʻlgan paytda, qaysi ahmoq bogʻini sotadi», deb Salimboyvachcha hayron qoldi.
— Zaruriyat, noilojlik,— tushuntira boshladi Fazliddin.— Mahallamiz odamlaridan bir kambagʻal bizdan qarzdor edi, uch yuz soʻmga yaqin. Ammo, u bir necha yildan buyon toʻlay olmadi. Biz ham qattiq talab qilmadik. Shu bahorda oʻzi oʻlib ketdi. Qoʻlidan ish keladigan bitta yigitcha oʻgʻli bor, qolganlari churvaqa. Kecha Abdulla akam yigitchani tutib, ota qarzini uz, deb mahkamroq ushlabdi. Keyin hisoblab qarashsa, yigitchaning gardaniga pirsant bilan rosa sakkiz yuz soʻm pul tushibdi..
— Hoy, nodon odamlar!— kuyovning soʻzini kesdi Salimboyvachcha.— Birini uch qilib toʻlaydi endi. Bilishmaydiki pul bolalab turadi, indamasdan tugʻadi, chaqaloqlari ingalamaydi. Eh, befarosat odamlar!..
— Bizning «sartiya» juda begʻam,— qizil chillakini ishtaha bilan yeya turib, soʻzni davom ettirdi Fazliddin,— bir koʻp odamlar oyogʻidan qarzga ilinadi. Hech nima boʻlmaganday, doʻppisi yarimta! Halqumigacha qarzga botganini oʻzi sezmay qoladi. Sirtmoqni boʻynidan solib tortasiz, burni bilan yerga munkiydi. Oyogʻiga ilingan ip yoʻgʻon arqonga, ingichka sim — yoʻgʻon zanjirga aylanadimi, holiga voy?! Shunday, Salim aka, haligi yigitcha esankirab qolibdi. Sakkiz yuz soʻmni siz bilan biz pul demaymiz. Chindan ham pul emas. Ammo yonida qora chaqasi yoʻk odamga bu — jahannamning qil koʻprigiday mudhish narsa. «Borib koʻring, ma’qul boʻlsa bogʻimni oling» debdi yigitcha. Pulni undirish uchun akam shoshmas edi, bir parcha bogʻ bizga unchalik kerak emas. Uning lekini bor: yigitcha yaqinda mardikor boʻlib urushga joʻnashi mumkin. Undan qachon qaytadi, qaytib keladimi, yoʻqmi — bilmaymiz. Shu sababdan shoshdik.
— Tayyor bogʻ boʻlsa, olganlaring yaxshi. Gʻanimatda,— dedi Salimboyvachcha.— Xoʻsh, ayting-chi, podshohning mardikor olishiga nima deysiz? Mana farmon oliy chiqdi...
— Farmon chiqishi bilanoq xalq orasiga gʻulgʻula tushdi. Hozir qaerga bormang, shu gapni eshitasiz. Dehqon, kosib xalqi notinchlanib qoldi, albatta, ularning bolalari ketadi-da. Farmonda mardikor deyilgan, ammo, Salim aka, menimcha, bu narsa bir siyosat, bir aldov boʻlsa kerak. Yigitlarni eltib, toʻppa-toʻgʻri oʻq tagiga haydaydilar, mana keyin eshitib qolarmiz...

Salimboyvachcha andak mulohaza qilib, soʻzlab ketdi:
— Unchaligini keskin ayta olmayman. Ammo, farmonga boʻysunish, albatta zarur. Yigitlarimizga akop qazdiradilarmi, yo miltiq ushlatib qirgʻinga haydaydilarmi — bu narsa oq podshohning ixtiyorida. Turkiston musulmonlari shuncha yildan boʻyon oq podshohning qoʻl ostida tinch yashab keladi. Endi adolatga qarshi xiyonat qilish yaramaydi. Turkiston musulmonlari mana shu tanglik zamonida fidokorlik koʻrsatsa, hukumatga yordam qoʻlini choʻzsa, oqibati chakki boʻlmas. Dushmanlar yengilgandan keyin hukumat oldida Turkiston boylarining yuzi yorugʻ boʻladi. Podshoh, ehtimol musulmonlarning huquqlarini kengaytirib yuborar. Lekin, bundan qat'i nazar, hukumatga yordam berish — bizning birinchi vazifamiz boʻlishi kerak!
— Siz juda tarafdor koʻrinasiz, Salim aka. Menimcha, bu xususda andak sabr qilib, oqibatni oʻylash kerak boʻladi,— dedi ikkilanib Fazliddin.
— Masala ravshan,— dedi Salimboyvachcha.— Biz hammamiz oq podshohning fuqarosimiz. Shundaymi? Bu toʻgʻrida tixirlik qilsak, xiyonat qilgan boʻlamiz. Bu narsa yolgʻiz mening fikrim emas. Oʻtgan kun kechasi xuddi shu yerda katta majlis qilindi, yigirmaga yaqin odam toʻplandi. Jadidlar, ulamolar, yana Hakim akamning obroʻli bir necha doʻstlari boʻldi. Bu masalani yarim kechagacha xoʻp maslahatlashib, nihoyat, haligi men aytgan fikrga kelishdi. Endi qoʻlni qoʻlga berib, mardikor olish toʻgʻrisida chiqqan farmonni xalqqa tushuntirish, uning kerakligini, foydasini uqtirish qoladi.
— Abdulla akam ham shu fikrda,— dedi Fazliddin,— ammo manga baribir, Salim aka. Qay tomon yengsa man oʻsha tomonda. Lekin dini islomga daxl qilinmasa, savdoga rivoj berilsa, bas. Bizga yana nima kerak? Yurtni savdo obod qiladi. Din, islom kishilarni toʻgʻri yoʻlga boshlaydi. Shu ikkisi lozim xolos...

Salimboyvachcha bunday lokaydlikka qarshi e’tiroz qildi. Suhbat qizib ketdi.

Quyosh uzoqdagi daraxtlar orqasiga tushdi, shafaqning tiniq oltin olovi hamma yoqni tutdi. Daraxtlar katta alangada qoldi. Lekin havo dim. Fazliddin oldinroq moyli somsani koʻproq yeganidan, mantini oz yedi, achchiq choyni bosib ichib qoniqqach, izvoshni qoʻshdi. Bir qadar shamollab kelish uchun Salimboyvachcha oʻz kuyoviga hamroh boʻldi. Ular bilq-bilq tuproqli koʻchada chang koʻtarmaslikka tirishib, otni sekinroq haydashdi. Katta yoʻlga chiqish oldida Salimning bogʻ qoʻshnisi, charchab changga botib kelayotgan Abdixoliq ota uchradi. U koʻchaning chetiga oʻtib, toʻxtash uchun ishorat qildi. Izvosh undan bir oz nariroqda toʻxtadi.
— Ha, nima deysiz?— toʻng qichqirdi Salimboyvachcha. Abdixoliq yaqinlashib, yuzidan chang va terlarini artib, harsillab gapira boshladi:
— Shaharga tushgan edim, boyvachcha. Mahallamda, hey oʻq, be yoʻq, oʻgʻlim, Abdisamatni askarlikka moʻljallab qoʻyishibdi.
— Kim moʻljallaydi?—teskari qarab soʻrada Salimboyvachcha.
— Mahallaning kattalari. Man juda dovdirab qoldim. Axir, koʻzimning oqu qorasi bittagina oʻgʻlim bor, sadagʻang ketay.— Abdixoliq koʻzlarini Fazliddinga tikdi.— Usiz, man qanday tirikchilik qilaman? Sizlar oq-qorani, yoʻl-yoʻriqni tanigan odamlar»—manga bir yoʻl koʻrsatinglar, iima qilay? Chirogʻim Salimjon, sizga yalinaman...
— Ota,— dedi Salim jerkib,— bu narsa koʻpga kelgan toʻy. Oʻgʻlingiz nihoyati bir necha oy ishlab qaytadi. Nimasiga qaygʻurasiz? Uzoq yurtlarni koʻrib keladi. Siz duo qilib oʻtiravering. Man nima qila olaman? Hammamiz oq podshohga fuqaromiz, uning oliy farmoniga soʻzsiz boʻysunishimiz kerak.
— Koʻpga kelgan toʻy deysizmi?— kinoya bilan iljaydi chol,— be! Mahaldamda uch oʻgʻillilar, besh oʻgʻillilar bor, norgʻul-norgʻul yigitlar bor. Hammasi tip-tinch. Kattalarning koʻzi mening chumchuqday oʻgʻlimga, yana bir qancha ogʻzi boʻsh kambagʻalga tikilibdi. Yoʻq, bunda gap bor. Nohaq ishga kuyaman. Boy, kambagʻal, mulla, eshon demasdan hammaning bolasiga bir tekis qaralsa, otamga la’nat oʻgʻlimni yubormasam...
— Ota,— cholga enkayib, muloyim gapirdi Fazliddin,— muysafid ekansiz, qari bilganini pari bilmas, deyishadi eskilar. Besh qoʻl baravar emas, buni ham tushunsangiz kerak. Shunga oʻxshash birov unday, birov bunday. Oʻzingizni biling, oʻzga bilan nima ishingiz bor? Hamma oʻz oʻgʻlining etagiga yopishsa, xizmatga kim boradi?

Abdixoliq bu ikki boyvachchaning soʻzlariga esankirab, alangalanib, soʻzlashga moʻljallar ekan, Salimboyvachcha kuyovini turtdi... «Haydang otni!»

Ular «Qurbaqaobod» mavzuiga yetib, odamlardan Normatxoʻjaning bogini surishtirdi. Kichkina zambil eshik oldida aravadan tushishdi. Eshikni qoqmasdan burun, goʻyo ularni kutib oʻtirgan kabi bogʻ egasi chiqdi. U koʻrinishda uyatchan, yigirma yashar yigitcha edi. Boyvachchalarni boqqa olib kirdi-da, oʻzi bir toʻnkaga oʻtirib, yerga qaragan holda dedi:
— Koʻringlar, ana bogʻ!—Salim bilan Fazliddin «tomosha bogʻda» kezgan singari, sesin-sekin, bogʻning har jihatini koʻzdan kechira boshladi. Quyosh botgan, lekin kun hali yorugʻ, har yoqqa oqshom sukunati choʻzilgan. Daraxtlarning uchlari asta qimirlaydi.

Bogʻda sakkiz uzun ishkom, hammasining poyalari yaxshi ishlangan, pushtalari chopilgan. Salimboyvachcha ikki ishkomga kirib, boshdan-oyok, koʻrib chiqdi. Uzum tok bargidan ham moʻl... Fazliddin esa barcha ishkomlarni aylanib, necha xil uzum borligini ham bilib chiqdi. Keyin, joʻxori, sabzi, piyoz ekilgan qismlarga qarashdi. Bogʻning atrofi eski, past, lekin yamalib-yasqalib butunlangan devorlar bilan oʻralgan. Devor boʻylab har xil mevali daraxtlar: shaftoli, olma, nok, olcha, jiyda. Bu bogʻda, Salimcha, oltmish uch tup, Fazliddin hisobicha, yetmish tup mevali daraxt bor edi. Bogʻning sahnini Salim uch yarim tanob, Fazliddin uch tanob moʻljalladi. Salimboyvachcha sekingina shivirladi: «Oʻn tanobga arziydi. Hamma narsasi tayyor. Oshni pishirib, qoshigʻini solib qoʻyibdi egasi, ichaverasiz, Fazliddin».

Boyvachchalar oʻz taassurotlarini soʻzlashib, yigitcha oldiga kelishda. Uning yonida ukalari boʻlsa kerak, bir-biriga juda oʻxshash ikki bola—biri oʻn, ikkinchisi oʻn ikki yashar chamasi,— qandaydir yomon shubha va hayrat bilan toʻla koʻzlarini javdiratib turishar edi. Yigitcha ishorat bilan ularni joʻnatdi.
— Bogʻ chakki emas, unchalik qiziqarli ham emas, shundaymi, Salim aka?—Fazliddin yalt etib Salimga qaradi va soʻng yigitchaga soʻzladi.— Boshqa ilojimiz yoʻq, ukam. Bir jihatdan sizga yengil boʻlishini oʻylaymiz, bu zamonda naqd pul topish oʻlimdan qiyin. Naqd pul soʻrasak, sizga jabr boʻladi. Shuning uchun bogʻni olishga toʻgʻri keladi. Ertaga shaharga tushing, akam bilan soʻzlashib, ishni bitirasiz, durustmi?
— Aqlli bola ekansan, uka, ota qarzini uzishga bel bogʻlabsan. Bir tomondan dadangning arvohi xushnud boʻladi, ikkinchi tomondan, oʻzing joʻralaring orasida boshingni koʻtarib, xoʻrozday yurasan. Qarz kishining boshini bukadi — Keksalarcha jiddiy va salmoqli soʻzladi Salimboyvachcha.

Yigitcha oʻrnidan sekingina turdi. Allaqanday gʻamgin va oʻzgargan tovush bilan, yerga qaragan holda soʻzladi:
— Tirikchiligimiz shu bogʻ orqasida bir nav oʻtib turardi. Yerdan qor ketishi bilan koʻchib kelib, butun oila chumoliday ishlar edik. Yerga qor tushganda yana shaharga koʻchib ketardik. Bu boqqa juda koʻp mehnatimiz singan.— Yigitcha chuqur xoʻrsindi, boshi yana quyiroq tushdi.— Oyim bogʻdan ayrilsa, bilmadim, nima boʻladi. Hali u xabarsiz...
— Bogʻingni biz zoʻrlab olmaymiz, uka!— koyib «san» sirab dedi Fazliddin.— Sakkiz yuz soʻmni sana, ish tamom. Bogʻing oʻzingda qoladi, enang xafa boʻlmaydi.
— Bu yilgi ekinlar, mevalar bizniki boʻladi. Negaki, oʻz mehnatimiz bilan yetishtirdik. Yer sizlarga oʻtsa ham, kuzgacha bizni bu yerdan qoʻzgʻatmaysizlar. Shu shart bilan, mayli. Abdulla akangizning doʻqidan qutulaman. U kishi tinkamni quritdi juda...— yigitchaning tovushida yigʻiday bir nima sezildi.
— Man aytdim-ku,— keskin soʻzladi Fazliddin,— ertaga shaharga tush, nima sharting, boʻlsa, oʻsha yerda gapir. Meva, ekin deysan. Yer oʻtdimi, ular ham hozirdan bizga oʻtadi-da. Hammasi yerdan ungan narsalar. Yana akamdan soʻra!..
— Yoʻq, Fazliddin,— bilimdon boʻlib gapirdi Salimboyvachcha,— bu yilgi ekin bu yigitchaniki boʻladi. Joʻxori, sabzi, tagʻin qanday ekin bor? Ha, shularning bari bu kishiniki. Daraxtlardagi mevalarchi? Hammasi sizniki boʻladi, Fazliddin. Agar muruvvat qilsanglar, jilla boʻlmasa bu yilcha mevalarni qoq boʻlasizlar-da.
— Qoʻrgʻonni koʻrmadik-ku,— yigitga qarab dedi Fazliddin.
— Hovlida bir uy, bir ayvon, yana bir hujra bor. Eski, ammo hali baquvvat...
— Xoʻp, koʻrmayman. Soʻzingga ishonamiz.

Yigitcha kuzatib eshikka chiqmadi. Oqshom qorongʻisida daraxtlarning orasida yoʻqoldi: balki koʻkragini ezgan ogʻriqning achchigʻini yigʻi bilan yumshatish uchun bir yoqqa chekilgandir.

Fazliddin izvoshga oʻtirib, Salimboyvachcha bilan xayrlashib shaharga joʻnadi. Salimboyvachcha esa katta yoʻlga qaraganda ancha qisqa «yolgʻiz oyoq» yoʻldan oʻz bogʻiga ketdi...

II

Yoz kechasining yoqimli salqini. Koʻkda, daraxtlar ustida gʻuj-gʻuj yulduzlar yonadi. Chirildoqlarning mayin musiqasi hamma yoqni toʻldirgan, goʻyo kechaning oʻzi kuylaydi. Lekin bu musiyqa jimjitlikni buzmas, balki uni quyultiradi. Xotin-xalaj, bola-chaqa orasida oʻtirishni yoqtirmagan Salimboyvachcha haligi bogʻdan endigina kelib, supada chiroqqa yaqin yonboshlab, tunov kun kechasi majlis qilgan mehmonlar qoldirib ketgan musulmoncha gazetalarga koʻz yugurib oʻtirar edi. Nozik rang-barang parvonalar, kapalaklar lampa atrofida aylanar, guldor qanotlarini shishaga urib tipirchilar, gilamga yengilgina qulab, tinar edilar...

Orqa yoqdan, qoʻrgʻon tomondan kavush gʻarchi eshitildi. Salimboyvachcha beparvolik bilan qaradi. Qorongʻilik ichidan Nuri kelib chiqdi...

— Kel, Nurioy!..— Salimboyvachcha oyoqlarini yigʻib oldi.
— Bu yoqqa qochibsiz-da. Jilla boʻlmasa, man kelgan kun ichkarida oʻtirsangiz boʻlardi. Bu nimasi, shumshayib yop-yolgʻiz...

Nuri akasining yoniga oʻtirdi.
— San yolgʻiz emassan,— piching qildi Salim,— Gulnorday onang bor...

Nurining gʻazabi tutaqib yonishi uchun har vaqt birgina soʻz kifoya edi. U «ih» deb teskari burildi. Soʻngra, har vaqtgi bema’ni shikoyatini boshladi. Gʻazabdan goh ovozini baland qoʻyib, goh Salimning ishorati bilan pasaytirib, shivirlab, tizzasiga ura-ura vaysadi:
— Hamma narsaga siz, Hakim akam aybdor. Oʻsha vaqtda oyoqlaringni mahkam tirasanglar edi, dadam Gulnorga uylanmagan boʻlardi. Boʻsh-bayov ekansizlar. Jilla boʻlmasa, mol-mulkini oʻz qoʻllaringga oʻtkazib ololmadinglar. Mana tomosha qiling. Choʻri qiz boshimizga chiqib, bizlarni oyoq uchi bilan koʻrsatadi. Basharasiga qarasam, dardli koʻrinadi. Hammasi yolgʻon! Hammasi noz-karashma, odamni mensimaslik... Tavba, bundan ustomonni koʻrgan emasman. U sevinadi. Nima dardi bor? Nimaga muhtoj? Yana it mijoz — darrov bola tugʻadi, eshittingizmi? Mirzakarimboyning xazinasi endi Gulnorniki!
— Dadang-chi? Barcha ayb unda emasmi?— boʻgʻilib dedi Salimboyvachcha.
— Dadamni qoʻyavering, iloji boʻlsa, yuzini koʻrmasam. Man bu yerga sizlar uchun kelaman.
— Anov qirq ignang kor qilmadimi?!—achchiq kulgi bilan dedi Salimboyvachcha.
— Unaqalardan allaqanchasini qildim. Gulnordan ofat qochadi.

Qorongʻilik ichidan kecha qoʻngʻizi gʻoʻngʻillab uchib, oʻzini chiroqqa urdi, keyin sachrab Nurining koʻkragiga, oq shohi koʻylagiga yopishdi: bosh barmoq kattaligida qora qizgʻish yoqut kabi... Nuri choʻchib tushdi, koʻksiga chang solib, qoʻngʻizni gʻijimlab, uzoqqa otdi.
— Uh, shoʻnaqa narsalardai juda qoʻrqaman.

Salim yostiqqa yonboshlab, esnadi. Gulnorga qarshi singlisida boʻlgan zoʻr kekdan foydalanish kerakmi, yoʻqmi, koʻzini yumib oʻylay boshladi.
— Salim aka, mana buni oʻqib qarang...— boʻshashgan, lekin sirli tovush bilan dedn Nuri.
— Nimani oʻqiy,— koʻzini ochdi Salimboyvachcha. Nuri yupqa, yengil roʻmol uchidagi tugunchakni yechib buklangan qogʻoz chiqardi-da, akasining qoʻliga qistirdi.
— Hali Gulnorning qutisidan topdim, nima xat ekan, deb gumon kilib oldim...

Salimboyvachcha qogʻozni yoyarkan «Eski tintish odating hali ham qolmagan ekan-a»,— deb jilmaydi. Lekin xatga koʻzi tushishi bilan yuzi jiddiylashdi, qoshlarining oʻrtasi tugunchak yasadi.
— Tovushingizni chiqarib oʻqing, men ham eshitay! — Nuri qiziqqandan, oʻqishni bilmasa ham, akasiga yaqinlashib xatga tikildi. Salimboyvachcha hatto labini qimirlatmasdan ichida oʻqidi. Xatning mazmuni shunday edi:

«Koʻz qorachigʻim, dardli yorim Yoʻlchiboyga.

Jonim, man muncha baxti qaro yaratilgan ekanmanki, xudo shoʻrlik boshimga shuncha kulfatlarni soldi. Koshki tugʻilmasam, koshki sizni koʻrmasam edi. Oʻshal kuni Shoqosim akaking hujrasida sizni poylab, qishloqqa uchishga qanotlanib oʻtirganimda, dadam bilan mahalla ellik boshisi ofatday birdan bosib kelishdi. Dod-faryodimga quloq solmay, dadam qoʻlimdan sudrab uyga olib ketdi. Qaysi bir rahmsiz, noinsof mal'un biz turgan joyni ularga yetkazganligini bilmayman; bundan keyin koʻrgan azobimni xudo hech bandaning boshiga solmasin. Buni bayon qilishga qalam ham ojiz, til ham ojiz. Bir oy oʻn kundan buyon firoq oʻtida qovurilaman. Qanotim yoʻqki, boyning zindonidan uchib chiqib yoningizga borsam, bu yerda bir mehribonim yoʻqki, manga koʻmaklashsa. Dunyoda yagona mehribonim, oftobim siz edingiz, baxti qarolik oramizni kesdi. Bundan bir qancha ilgari Unsinoydan ayrildim. Uning ketishini eshitib, koʻnglim yana buzildi, yalinib-yolvorib olib qolmoqchi boʻldim, ammo qizning ham sizning ra’yingizga toʻsiq boʻlishni munosib koʻrmadim, ham bu uydagi xotinlar Unsinni ogʻir yumushlarga sola boshladilar, buni koʻrish manga juda ogʻir edi. Mayli, Unsinoy siz bilan birga boʻlsin. Yolgʻizman, gʻarib-benavoman, lekin koʻnglim sizda, fikrim, xayolim sizda. Kecha-kunduz yodingiz bilan yashayman. Botir yorim, bilaman, siz qaygʻu daryosiga mandan chuqurroq botgandirsiz. Endi yolgʻiz murodim — sizni bir koʻrmoq, siz bilan ikki ogʻiz soʻzlashmoqdir. Agarda bu baxtsiz doʻstingizni unutmagan boʻlsangiz, xatni oʻqittirgandan soʻngra Unsinoyni yuborib, bu toʻgʻrida oʻz fikringizni bildirarsiz. Dardli koʻnglimni xushnud qilgʻaysiz. Gulnoringizdan salom. Ushbu nomani yozib berguvchi koʻzi yoshli, koʻngli nolon bir qizdan ham Yoʻlchiboy akaga salom, qitmir-qitmir...»

Bu xatni bir vaqtlar haqiqatan Gulnor yozdirgan edi. U bilan bir yoshda boʻlib, bir mahallada oʻsgan oʻrtogʻi Zaynab, oʻz zamoniga koʻra, yaxshi savodli, eski kitoblarni koʻpgina oʻqigan qiz, bir kun Gulnorni koʻrgali boynikiga kirgan edi. Gulnor oʻzining Yoʻlchiga boʻlgan muhabbatini va ular orasida kechgan ishq sirlarini yolgʻiz shu qizga soʻzlab yurar edi. Zaynabning ham yuragi yarali edi: uning toʻyi yaqinlashgan vaqtda sevikli kuyov yigit — ikki kungina xastalanib, oʻlgan. Zaynabning otasi qalin pulini yeb qoʻygani uchun, endi Zaynabni haligi yigitning ukasiga— Zaynabdan ancha kichkina va oyogʻi oqma bir bolaga berishga majbur boʻlib, kuyovning bir oz ulgʻayishini kutar, qizni saqlar edi.

Gulnor oʻz doʻsti, sirdoshi Zaynab bilan maslahatlashib Yoʻlchiga xat yozishga qaror qilgan va soʻzlarini yaytib turgan; otin qiz esa Gulnor soʻzlarini silliqlab qogʻozga koʻchirgan; ammo Gulnor bu xatni qay tariqada Yoʻlchiga yetkazishni oʻylar ekan, bu orada Yoʻlchining qamalganini eshitib, xatni qutilardan biriga tashlab qoʻygan edi.

Yoshlikdan boshlab kelinoyilarining sandiqlarini, qutilarini tintib oʻrgangan Nuri, bukun Gulnor uyini xoli topib, kalidi burnida unutilgan bir qutini ochdi. Uning maqsadi, Gulnor qutisida qanday narsalar bor, dadasi yashirincha qanday qimmatbaho buyumlar keltirganligini bilish edi. Natijada bu xat uning qoʻliga tushdi.

Salimboyvachcha xatni oʻqib, asta bukdi. Hayrat bilan boshini chayqadi.
— Qanday qilib bu narsa qoʻlingga tushib qoldi? Qiziq xat. Agar san bir xum oltin topsang, bunday sevinmas edim.
— Oldin siz aytib bering, nimasi qiziq, kimga yozgan, kim yozgan?—Hovliqib soʻradi Nuri.
— Bunday xatni buzuq xotinlar yozadi, yozdiradi. Xatning ma’nosi shu...— Salimboyvachcha qogʻozni qoʻlda mahkam siqib, gʻurur bilan davom etdi,—bu narsa qoʻlimdami, har bir ishni qilaman, hech kim biron aybni boʻynimga qoʻya olmaydi. Bu xat jinoyatni savobga aylantiradi. Har yerda, har kim oldida meni oqlaydi. Endi koʻrasan Nuri.

Salimning soʻzlari bu xatga Nurining maroqini hadsiz oshiradi. «Buzuq xotinlarning xati» degan izohga qanotlanmay uni boshdan-oyoq oʻqib berishni akasidan soʻrab, hech kimga aytmaslik uchun ogʻziga kelgan qasamlarni valdiray boshladi. Ammo, naq shu asnoda Mirzakarimboy gapdan qaytib, toʻppa-toʻgʻri supaga kelaverdi. Ular bir zum jim qotib, bir-birlariga imo bilan tikilishdi. Soʻng Nuri, oʻrnidan turib, dadasi bilan sovuqqina koʻrishdi. Boy Nurining kelganiga quvongani uchun, supaga chiqib Salimboyvachcha uzatgan yostiqqa bemalol yonboshlab, qizi bilan har toʻgʻrida gaplashmoqqa urindi. Nuri, akasi bilan qilayotgan ajoyib sirli suhbatning kesilganiga ichidan norozi, es-hushi u xatda boʻlsa ham, dadasi bilan soʻzlashmoqqa majbur boʻldi. Salimboyvachcha soʻzga aralashmadi, bir ozdan soʻng oʻrnidan turib ketdi-da, sokin qorongʻilikda tanho qezdi, xatning kuchiga suyanib, nima qilishini oʻyladi.

Hozir hamma voqea unga ravshan: Gulnor Yoʻlchini sevadi va qattiq sevadi. Olib qochilgan Gulnorni qutqarib, uni sharmanda qilayozgan noma’lum yigit — Yoʻlchi ekan! Gulnorni sevgan va u bilan til biriktirgach bir yigitning mavjudligini oʻsha vaqtlarda bilgan boʻlsa ham, uning xotiridan Yoʻlchi sira kechmagan edi. Noma’lum yigitning kimligini bilib, Gulnorning axloqsiz qiz ekanini oʻsha vaqtda fosh etishga jazm qilgan boʻlsa-da, bu fikridan darrov voz kechishga majbur boʻlgan edi. Chunki u yigit ham, Gulnor ham hamma aybni buning ustiga agʻdarishlari qulay edi. Salimning fikricha, yigit der edi: «Salimning yomon niyatidan xabardor boʻldim, qizni oʻlimdan qutqardim». Qiz der edi: «Men bu yigitni tanimas edim. Meni qutqardi, men unga koʻngil berdim». Mana shu mulohazalar orqasida oʻsha, vaqtda Salimning nafasi ichiga tushgan, hatto u yigit oʻzini bildirgan taqdirda, unga yalinishga majbur boʻlishini bilgan edi. Endi-chi? Hozir ish boshqa, Yoʻlchi qamoqda. Eng muhimi — mana bu xat. Kerak boʻlsa, dadasiga, akasiga koʻrsatadi. Eski sir aslo qoʻrqinchli emas: «Gulnorni ilgaridan bilar edim. Buzuq qizni dadamga munosib koʻrmaganim uchun shunday qilishga majbur boʻlgan edim», deb javob beradi.

Salimboyvachcha uyga qaytib, koʻrpaga kirganda ham har xil oʻy va xayollardan ancha vaqt qutula olmadi.

III

Bir oqshom Salimboyvachcha doʻkondan qaytib, qoʻrgʻon ichida, oʻz ayvonida yonboshladi. Qoʻrgʻonda shahar uylari tarzida solingan bir uy, bir ayvon, buniki, qarshi tomondagi shuning siigari bir uy, bir ayvon Hakimboyvachchaniki edi. Bunga yopishgan va ustiga bu yil bahorda yangi shiypon qilingan eskigina bir uy Mirzakarimboyga qarashli boʻlib, u Gulnor bilan aksar vaqt shiyponda yashar edi.

Hozir qoʻrgʻon ichi tinch. Nuri bilan Hakimbyvachchaning xotini Turusunoy kechki salqinda kezish uchun boqqa chiqib ketgan. Esli bolalar ham koʻrinmaydi. Goʻdaklar esa beshikda, daraxtlar orasidagi belanchaklarda uxlab yotishadi...

Sharafatxon, semiz qoʻy goʻshtidan pishirilgan, serpiyoz shoʻrvadan bir katta kosada keltirdi. Salimboyvachcha dadasini soʻradi. Xotini, Fayozxoʻja boyning bogʻiga Sayid Fozilxon eshon kelgani uchun, hozirgina u yerdan kishi kelib, boyni birga olib ketganini bildirdi. Soʻng u ham, Nuri bilan birga gʻiybat qilish uchun boʻlsa kerak, boqqa yugurdi. Salimboyvachcha uyga kirib tokchadagi idishlar orqasiga yashiringan bir shisha kon'yakni olib chiqdi. Ezilib pishgan yogʻliq goʻshtni ishtaha bilan yeb, shishani yarimlatdi. Boshi, badani qizib ketdi. Oʻrnidan turib, hovli sahnida yelpinib kirdi. Gulnor tomonga koʻz tashlab uyda ham, shiyponda ham hech kim yoʻqligini bildi.

Shu vaqtda Gulsumbibi, betob, ishtahasiz qizi uchun oʻz hovlisida, oʻz dekchasida tayyorlangan bir kosa serqatiq xoʻrda oshni avaylab koʻtarib, eshikdan kirib keldi. Gulnorning uyiga moʻralab, keyin shiyponga chiqib, kosani qoʻyib tushdi. Usti koʻk sirli katta chelakni yulib sigir soqqali ogʻilxona tomon ketdi. Hovlida kezib yurgan mast Salimboyvachcha, oʻzicha, fursatni va tasodifni juda qulay topdi. Sekingina shiyponga chiqdi. Ichki choʻntagidan qogʻozga oʻralgan zaharni olib, titroq qoʻllari bilan oshga sepdi va qoshiq bilan ildam aralashtirdi. Hovliqib pastga yugurdi. Zinadan endi tushgan choqda, Gulnor bilan qarshilashdi; betob, darmonsiz Gulnor bu kun yuvilib, oftobda qurigan bir quchoq yozlik kiyimlarni allaqayoqdan yigʻishtirib kelar edi. Gulnor bir oz chetlanib yurib, zinaga oyoq qoʻydi.
— Dadam qayoqda-a?..— sarosimalik bilan soʻradi Salimboyvachcha.

Gulnor orqaga qayrilmay, «yoʻqlar» deb javob qaytardi. Mirzakarimboy Gulnorga uylangadan buyon, ularning birinchi daf'a gaplashuvi edi...

Salimboyvachcha oʻz ayvoniga qaytib, yana konʼyak ichdi. Lekin mast koʻzlari shiypon tomonga beixtiyor javdirayverdi. Soʻng, butun a’zosini titroq bosib, tashqariga otildi. Bu yerda besh-oʻn minut aylanib yurdi. Titroq oʻsdi Ammo, bu titroq vijdon azobidan emas, balki jinoyatni shoshib bajargani, oʻz fikricha, yana nozikroq bir yoʻl, yana ham qulayroq bir fursat kutmagani uchun, fosh boʻlish vahimasidan tugʻilgan edi. Attorlik rastasida eng qorongʻi, eng kichkina bir doʻkonda minglarcha xalta-xultalardagi shubhali dori-darmon va har nav zahar-zaqqum orasida oʻtirgan bir moʻysafiddan bu kun zahar sotib olarkan, buni qachon va qanday qoʻllashni aslo oʻylagani yoʻq edi. Zahar qoʻlga kirgach, jinoiy fikr oʻsdi, butun yuragini, butun borligʻini chirmab oldi...

Salimboyvachchaning butun diqqati qoʻrgʻon ichida boʻldi. Har on, har lahza falokatni kutdi. Goʻyo Gulnor hozir oshni ichadi-da, darrov baqiradi. Uyda hech vaqt koʻrilmagan, vahimali bir qiygʻos koʻtariladi... Ammo Salimning kutgani chiqmadi, qoʻrgʻonda avvalgiday tinchlik, jimjitlik. Bu hol uni yana ezdi. Oxirga qadar kutishga kuch va toʻzim sezmadi oʻzida. Nihoyat, qoʻlini silkidi: «Nima boʻlsa boʻldik.» Hali shahardan minib kelib, daraxtga qantarib qoʻygan saman yoʻrgʻani mindi-da, koʻchani changitib, doʻstlaridan birining bogʻiga, uzoq joyga joʻnab ketdi.

Gulnor ikki tomoni ochiq shiyponda yolgʻiz oʻtirib, kiyimlarni nari-beri taxladi. Onasi tayyorlab chiqqan xoʻrda oshni odatda juda sovitib ichishni yaxshi koʻrgani uchun, chetga olib qoʻydi. Shiyponning panjarasiga yaqin kelib uzoqliklarga tikildi. Quyosh botgan. Lekin uning olov daryosi turli ranglar bilan tovlanib, cheksiz bir parda kabi, ufqlarda mavjlanar edi. Bogʻchalarni bir-biridan ayirgan devorlar koʻrinmas, ishkomlar, mevazorlar, ekin dalalari tutash yashil manzara yasaydi. Har yoqdan koʻtarilgan tutunlar yupqa koʻk bulut kabi, havoda sekin-sekin eriydi. Soʻl yoqda, Dadaxon boyning yerida koranda chaylasi oldida ham tutun burqiydi. Oʻng tomonida, Mirzakarimboyning yeri oxirida baland, toʻgʻri oʻsgan, uchlari bir-birga tutashgan qator teraklar jimgina titraydi. Bir yoz kechasi toʻlin oyning sehrli nurida, mana shu teraklar ostida Yoʻlchina kutmaganmidi? U shu kecha dadasi tashqarida, boyning mehmonlariga xizmat qilish bilan ovora ekan, onasi shu qoʻrgʻonda oʻchoq boshida kuymanar ekan, u oy nurida choʻmilgan teraklarning mayin musiqasini sevikli yigit bilan uzoq tinglamaganmidi?.. U chogʻlarda yuraklari yoshlik, muhabbat, uchrashuv va kelajak baxti bilan toʻla edi. Ularning orzu va umid gullari yuksalib, yulduzlarni oʻpmoq tilar edi. Endi-chi? U gullarga yovvoyi pechak chirmashdi, rang-nurlarini soʻndirdi, qovjiroq xazonlari koʻngillarga toʻkildi...

Qorongʻilik, Gulnorning qaygʻusi kabi quyuqlasha bordi. Unda-bunda yulduzlarning oltini yaltiradi. Qoʻrgʻonda xotinlarning, bolalarning shovqini kuchaydi. Hakimboyvachchaning tovushi eshitildi. U, samovar qaynatishni buyurib kimgadir qichqirdi. Boyvachcha koʻchada xalq orasida qanday boʻlsa, uy ichida ham shunday gerdaygan, zugʻumli edi. Gulnor uydagi yumushlarning hammasiga kuchi yetgancha aralashar edi. Bunga qaramay, kelinlar unga avvalgiday har yumushni qoʻpollik bilan buyura olmaganlari uchun, Gulnorni boshqalarga yomon koʻrsatish maqsadida «nozik», «takabbur» kabi yuzlarcha laqablar toʻqib ayblashar edilar.


Gulnor oʻrnidan qoʻzgʻaldi, darmonsizlikdan oyoqlari titrab pastga tushdi-da, hovlining burchida samovar qoʻya boshladi. Butun oila bir ayvonga toʻplangan. Nuri Hakimboyvachchaga ezmalik qilishni istar, lekin bolalarning qiy-chuvi gapni gapga qovushtirmagandan u, asabiylanar, goh bolalarga yalinar, goh ularni jerkar edi. Gulnor piyolalarni yuvib, artib, soʻngra samovarni keltirdi, jimgina oʻtirib choy quyushga kirishdi. U tanholikni sevar, bu oiladagi kattalarni yomon koʻrar, lekin bular bilan birga oʻtirishga, ayniqsa, ovqat va choy paytlarida birga boʻlishga majbur edi. Choy tamom boʻldi. Bolalar oʻtirgan oʻrinlarida toʻmpayib, yo turli vaziyatda uzala tushib, birin-sirin uxlashdi. Kelinlar oʻrin solish uchun qoʻzgʻalishdi. Gulnor dasturxonni va idishlarni yigʻishtirib, shiyponga chiqdi. Chiroq yoqib, ancha vaqt oʻtirdi. Pastda «tiq» etgan tovush qolmadi. Mirzakarimboyning qaytmaganiga sevinsa ham, birga yotish uchun onasini chaqirmaganiga afsus qildi, hozir esa chaqirish vaqti emas edi. Noiloj oʻrin soldi, yotish oldida xoʻrda osh esiga tushdi. Ertalabki choydan buyon uyda ikki marta ovqat tayyorlangan boʻlsa ham hech nima totmagan edi. Yana bu oshni ichmasa, ertaga Gulsumbibi, albatta koyiydi. Kosani olib, katta yogʻoch qoshiq bilan shoshib-pishib ichdi. Kosada osh uch enlik qadar ozaydi. Lekin birdan butun ichi allaqanday yulinib ketdi-da, kosani nari itardi, yonidagi chiroqni «puf» deb oʻchirdi, boshini yostiqqa ogʻir tashladi. Bir muddatdan soʻng, boshi aylanib, yulduzlar uning koʻzi oldida, qandaydir, tuman ichida chirpina boshladi. Butun vujudiga ogʻriq va olov yugurganini, dahshatli bir nima butun ichini yulib-uzib mijgʻiganini sezdi. «Manga nima boʻldi? Umrimda bunday holga uchraganim yoʻq edi, betoblikdanmi? Yoʻq. Boshqa narsa!» deb oʻyladi Gulnor. Soʻng, oʻrnidan turib, shiyponning bogʻ tomonga qaragan papjarasiga suyaldi, bir necha marta kuchli oʻqchidi, oʻqchirkan ichki a’zolari halqumiga tiqilib kelganday boʻldi. Oyoqlarining akashaklana borganini, butun gavdasining tirisha boshlaganini sezdi. Emaklab-emaklab oʻrniga keldi. Qoʻrgʻonda «tiq» etgan tovush yoʻq. Hatto, beshikdagi bolalar ham tip-tinch... «Birontasini chaqirsam, keyin, albatta. masxara qilishadi, kulgi, mazax uchun ularga bahona topiladi», deb oʻyladi Gulnor. Lekin minut sayin holi ogʻirlashavergach toqatsizlanib qichqirdi: «Oyi, oyi... chaqiringlar oyimni!»

Anchadan soʻng Hakimboyvachchaning xotini Tursunoy chiroq koʻtarib chiqdi: «Qoʻrqdingizmi?. Yolgʻiz qolgan odam yarim kechada hammani bezovta qiladimi? Erkalik ham va evi bilan-da!» poʻngʻirlab chiroqni Gulnorga yaqin tutib, birdan choʻchib ketdi. «Voy, nima qildi sizga? Nima-nima?.. Nega toʻlgʻonasiz, chiyon chaqdimi?»

Gulnor javob bermadi. Tursunoy: «Men hozir Hakim akangizni uygʻotaman, Gulsum opani chaqirsin», deb chiroqni qoʻyib, pastga yugurdi.

Haykimboyvachcha, Gulsumbibi, Nuri va boshqalar kelgan vaqtda Gulnor oʻz-oʻzi bilan ovora edi.
— Onang oʻlsin, nima darding bor, manga qara, Gulnorim!—Gulsumbibining tovushi Gulnorni bir qadar hushyor qildi. Qoʻllarini olpi-solpi qimirlatib goʻyo onasini quchaqlamoqchi boʻldi. Keyin oshni koʻrsatdi: «Ichdim, ichimga balo kirdi...» Yana oʻqchimoqchi boʻldi. Ona shoshib mis barkashni tutdi. Gulnorning koʻzlari dahshatli ravishda yonib, yuzi, lablari koʻkimtir tusga kirgan edi.
— Zahar!—birdan qichqirdi Gulsumbibi.— Qay tigʻparronga uchragur, sani zaharlaydi. Shoʻrim qursin! Zahar!— Tizzaga urib, qizini quchoqladi ona.

Hakimboyvachcha Gulsumbibini kuch bilan siltab tortdi koʻzlarini piyoladay baqraytirib bobilladi:
— Bas, uyatsiz maxluq!.. Kim uni zaharlaydi? Bu gapni man ikkinchi eshitmay... Har kasalni Ollo beradi. Zahar emish!..—Hakimboyvachcha hansirab atrofga qaradi, Gulnorga tikildi, yer ostidan Nuriga oʻqraydi-da. lavom etdi.— Man hozir Yormat akani tabibga yuboraman. Otda gʻizillab keltiradi.

Hakimboyvachcha pastga tushib ketdi. Uning orqasidan Nuri ham yugurdi. U birinchi qarashdayoq Gulnorning zaharlanganini, buni Salim akasi bajarganini bilgan va ichida: «Nega muncha shoshmasa... Manga topshirmaydimi! Shunday hiyla bilan berardimki, tabiblar barmogʻini tishlab qolgan boʻlardi», deb oʻylagan edi.
— Oyi, suv. Suv!— Gulnor dam koʻkragini, dam tomogʻini, dam boshini gʻijimlab eza boshladi.

Tursunoy suv keltirish uchun pastga yugurdi. Gulsumbibi esini yoʻqotib, nima qilishini bilmay, esankirab qoldi. Gulnor oʻqchib-oʻqchib, bazoʻr soʻzladi:
— Zahar... Salim qoʻshgan. Qani u? Bu yerga undan boshqa odam chiqqani yoʻq...
— Uni bu yerga chiqqanini koʻrganmiding?— jinnilarcha baqirdi Gulsumbibi va Gulnorni quchoqladi.
— Aniq u... Umrim zaharlangandi. Endi qutulaman. Bular hammani zaharlaydi. U qamoqda!.. Hammani zaharlaydi bular. Hammani. Oyi, oʻlaman. Yoʻlchini koʻrmadim. armonim shu. Oyi, kechiring...— Gulnor jim boʻldi.

Gulsumbibining esiga toʻsatdan bir «dori» tushdi. Zaharlangan odamga qoʻyning qumalogʻini suvga ezib, lattadan oʻtkazib ichirilsa, tuzaladi, degan soʻz bir vaqt qulogʻiga chatilgan edi. Zinaga otildi. Lekin zinadan yurib emas, yumalanib hovliga tushdi. Choʻloqlanib ogʻilxonaga yugurdi. Qorongʻida timirskilab, bir hovuch qiyni olib, kosada ezib, shiyponga uchdi. Tursunoy bir qoʻlida suv, bir qoʻlida qatiq bilan Gulnorning boshida baqrayib qotgan edi. Gulsumbibi qizini quchoqlab qichqirdi. Lekin Gulnorning yarim ochiq koʻzlarida hayot soʻngan edi. Ona qaqshoq qoʻllarini qizining yuragiga qoʻydi. Soʻng, sachrab turib, oʻzini yerga urdi, faryodi bilan kechani zir titratdi...

IV

Bugun Gulnor vafotining sakkizinchi kuni. Kecha, odatga muvofiq, nari-beri «etti» qilindi. Yormat bilan Gulsumbibi Gulnorning qabriga borishdi. Olib kelingan osh-nonni va sham pulini goʻrkovga topshirib, «Shayx Zayniddin bobo»dagi goʻristonda, katta tut daraxti koʻlkasida doʻmpaygan yangi qabrni quchib, tuproqlariga yuzlarini surtib, soatlarcha yigʻlab, koʻzlari shishgandan, tinkalari qurigandan soʻng qaytishdi. Uyga kelgach, Yormat xotinini oʻz yurtiga joʻnashga qistadi.

Gulnor oʻlimining uchinchi kuni Samarqanddan ularning bir qarindoshi, Gulsumbibi opasining oʻgʻli, sodda dehqon yigit tasodifan kelgan edi. Qarindoshlarning qaygʻusiga, motamiga u yigit ham samimiy ishtirok qildi, soʻngra, Yormatning fikrini quvvatlab kampir onasining yoniga dardli xolani olib joʻnashni juda ma’qul koʻrdi. Ammo Gulsumbibi qattiq e’tiroz qildi, qizining butun ma’rakasini oʻtkazgandan keyin, qabrga haydasalar ham dadil borishga tayyorligini soʻzladi. Ammo, erining qistovi bilan, nihoyat, Samarqandga joʻnashga, qizining ma’rakalarini oʻsha yerda oʻzi oʻtkazishga majbur boʻldi. Yormat «qora kun» uchun oʻn yillardan buyon tiyinlab, juda koʻp boʻlsa, bir mirilab yiqqan pulini sanadi: bir yuz qirq uch soʻmga yaqin.

Pulni qarindosh yigitga berdi. Xoʻjayinlardan hech nima soʻramadi, chunki Yormat bu kunlarda ularning basharasiga qarashni istamas edi...

Gulsumbibi joʻnab ketgach, uning dardi yana behad ziyodalashdi. U Mirzakarimboy dargohida yigirma yilga yaqin quldek ishlab, nihoyat, bu kungi vaziyatga tushdiki, bu hodisa uning borligini ost-ust agʻdargan edi.

Gulnorning zaharlanganini Mirzakarimboy va oʻgʻillari qat'iyan rad qilib, ma’sum qurbonning ota-onalarining tillarini doʻq-tahdid bilan muhrlashga tirishdilar. Gulnorning oʻlimini ular gʻoyat sovuqqonlik bilan qarshilashga urindilar. Ular: «Gulnor oʻz ajali bilan oʻldi. Ajalga davo yoʻq!» deyishdi.

Lekin Gulnorning oʻlim oldida aytgan soʻzlarini Gulsumbibi oʻz eriga uqtirgan edi. Yormat uchun bu narsa qilcha shak-shubhasiz bir haqiqat edi.

U butun kun kuyib-yonib, boshi oqqan yerlarda jinnilarday tentirab, xufton vaqtida boynikiga sangʻib kelib qoldi. Katta darvoza oldida izvosh tayyor, yaqinda yollangan haydovchi Egamberdi arava oldida qaqqayib kimnidir kutib turardi.
— Qayoqqa borasan?— dedi Yormat.
— Salim aka Isqobilga joʻnarmish. Vokzalga eltib tashlayman.
— Joʻna, boshqa yumushlarni qil. Man oʻzim haydayman, stansada yumushim ham bor, — dedi-da, Yormat haydovchi oʻrniga oʻtirib oldi.

Bir ozdan soʻng chamadonini koʻtarib, Salimboyvachcha chiqdi. Aravaga oʻtirmasdan burun gugurt yoqib papiros tutatar ekan, Yormatga qoʻzi tushdi, tilyogʻlamalik bilan:
— Sizga bir qadar tinchlik kerak edi, Yormat aka. Gʻam yomon boʻladi,— deya izvoshga oʻtirib davrm etdi,—eski qadrdonsiz-da, to oʻzingiz, joʻnatmaguncha, qoʻnglingiz tinchimaydi. Shundaymi, otaxon? Xoʻp, tezroq haydang, kechikaman.

Yumshoq tuproqda gʻildirak tovushsiz uchdi. Salimboyvachcha shod, tinmasdan soʻzlaydi. Iskobilda ikki haftagina oʻynab qaytib, keyin Peterburgga joʻnamoq maqsadida ekanini, urush bitgan hamon zagranitsaga sayohat qilmoqchiligini, Yormat eshitsin uchun qichqirib gapirdi. Gulsum opaning tezroq qaytishi uchun Samarqandga xat yozish kerakligini Yormatdan soʻradi.

Oʻn minut qadar yoʻl yurilgach, bir tomoni chuqur jarlik koʻchada Yormat birdan otni toʻxtatdi.
— Nnma, biron narsa tushib qoldimi?—beparvo soʻradi Salim. Yormat javob bermadi, aravadan yerga sakrab, yerdan bir nimani olgan kabi, engashdi va Salimboyvachchaga yondashib, allaqanday yomon ovoz bilan xirilladi:
— Mani qari eshak fahmladingmi? Sher boʻlsang, kuchingni koʻrsat, itvachcha!

Gʻoyat chaqqonlik qoʻrsatib, qattiq zarb bilan Salimning koʻkragiga pichoq urdi.
— Yuragimni zaharlading, yuragingni qiymalayman-da!—yana boʻgʻilib xirilladi Yormat.

Oʻtkir pichoq Salimning naq koʻkragiga suqilgan edi. Salimboyvachcha bukchaygancha — qimir etmay, qotdi. Qon va oʻlik hidini sezgan ot pishqirib, bezovta boʻldi. Yormat pichoqni sugʻurib olib, uzoqqa otdi. Keyin, mudhish sokinlik va sovuqqonlik bilan boyvachchaning etagidan tortib tushirdi, qalin yumshoq tuproqda sudrab, jar yoqasiga keltirdi va jasadni, butun kuchi bilan pastlikka uloqtirdi. Chuqur xoʻrsindi. Otni bir chetdagi daraxtga mahkam boyladi. Qonli qoʻllarini tuproqqa obdan surib tozalagan boʻldi. Koʻzlari notinch yonib javdiragan, boshini chayqab, soʻligʻini gʻajigan otni silab-siypab, soʻng qorongʻilikka kirdi. Qayoqqadir, balki Gulnorning mozoriga, ildam joʻnarkan, lablari muttasil pichirladi: «Nima ish qildim? Gunohmi, savobmi? Soqolim oqarganda qoʻlimni qonga botirdim. Mana, hali ham barmoqlarimga chilp-chilp yopishadi! Yoʻq, man qizimdan soʻrayman. Ayt, jonim, Gulnorim, ayt! Man yolgʻiz saning qarshingda gunohkorman. Eski gunohkorman. San ayt, ma’qul boʻldimi? Bu qon oz desang, yana toʻkaman. Hammasini qiraman. Albatta, bu qon bir tomchi. Bundaylardan mingtasining qoni bir tola sochingga arzimaydi. Bilaman, qizim. Hammasini qiraman, dadang endi qoʻrqmaydi. Ular endi xoʻjayin emas manga, qizim. Yelkamga xoʻp minishdi. Endi bas! Koʻzim ochildi, Gulnor. Lekin bu koʻz qurgʻur juda kech ochildi. Yuragimga zahar yugurganda ochildi. Yuragim san eding, Gulnor. Koʻzim ilgari ochilgan boʻlsa edi, man oʻz yuragimni boʻrilarga yedirarmidim? Tongla mahsharda qay yuz bilan sanga boqaman? Qizim, kechir, bu adashgan, koʻr dadangpi kechir! Gunohimni zarracha kechirishing uchun qoʻlimni qonga tiqdim. Oppogʻim, Gulnor, kechir... Evoh, essiz umr, essiz qizim...»

Oʻn sakkizinchi bob

I

Yoʻlchi tunda kelib kirgan bir tashlandiq tegirmonda, zax yerda bir chimdim uxlab, tong vaqtida tashqari chiqdi. Qorni juda och edi. Lekin unga birinchi galda soch-soqolini qirdirish mashaqqati tushdi. U koʻpdan buyon qoʻliga oyna olmagan boʻlsa-da, yuzi qay holda ekanini yaxshi bilar edi. Faqat, kissasida siyqa chaqa ham yoʻqligidan anhor boʻyida yerga botgan eski, siniq tegirmon toshga oʻtirib, uzoq vaqt bosh qotirdi. Sotish uchun hech nima yoʻq. Etikni turmada yoʻqotgan. Ustida uvada chopon, buni bozorda yolgʻiz eskifurushlar olishi mumkin. Bordiyu, omad kelib, shu atrofdan birovga yalinib sota bildi, u vaqt oʻzi yirtiq koʻylakda qoladi... U birdan qoʻlini keskin silkidi: «Shunga ham qaygʻurishmi!» dedi, manglayini chuqur chiziqlar kesdi, u shu kecha oʻzi bilan birga turmadan qochgan ajoyib oʻrisni — Petrovni oʻyladi: hozir qaerda ekan-a? Ishqilib qoʻlga tushmasdan, Maskovga yetib olsin-da. Otash arava Maskovga necha kunda eltadi, deb soʻramabman ham... Ha, u yuk tashiydigan vagonda joʻnaydi, chiptasiz, boshqasiz yuklarning orasida pisib ketadi... Tutilib qolmasa, kallasi joyida: tegirmonga tushsa butun chiqadiganlardan u. Lekin ovqatdan qiynaladi-da, mendan battar chaqasiz edi.

Yoʻlchi turmada yasharkan, unga tugʻishgan ogʻa-ini singari mehribon boʻlgan Petrov bilan birinchi uchrashuvdai boshlab, to soʻnggi damgacha oʻtgan hayotini hozir oʻz fikridan bir-bir kechirdi. Petrovning u uchun yangi, yorqin, ulugʻ bir dunyo ochgan, unga alangali umidlar bagʻishlagan, uning kuchlariga chin qahramonlik maydonini koʻrsatgan, olmosday oʻtkir, quyoshday porloq, ammo shu bilan baravar sodda, har bir mehnatkashning, har bir ezilganning yuragiga yopishadigan fikrlariga shoʻngʻib ketdi. Qanday ishlash kerak, nima qilish kerak, nimadan boshlash kerak — bu xususda Petrov uqtirgan kengashlarni chuqur mulohaza qildi. Faqat, qalbini toʻldirgan ulugʻ fikrlarni kimga ochadi va qanday ochadi? Buning uchun soʻzamol boʻlish kerak-ku! Ilgari juda qulay boʻlib koʻringan narsa, endi atroflicha oʻylaganda, hazilakam emasligi ravshanlashdi. «Bunday qilaman,— labini qimirlatib oʻz-oʻziga shivirladi! Yoʻlchi,— avval shunday odamlarni tortamanki, oʻzimga qanday ishonsam, ularning diliga shunday ishongan boʻlay... Ular shunday odamlar boʻlsinki, bolʼshevik Petrovning yoʻliga kirgandan keyin oʻtga ham, suvga ham oʻzini urishga tayyor koʻrsatsin, joni dili bilan ishga berilsin. Eng yaqinlarimdan, sinaganlarimdan boshlayman. Bu ishda shoshqaloqlik, yengillik yaramaydi. Mana Qoratoy. U jamiki toʻralarga, jamiki boylarga oʻt bilan suvday. Uning ukasi Jumaboy. Ishchi yigit, tramvay yoʻlini tozalashdan boshi chiqmaydi. Albatta, boyonlarga qarshi. Xoʻsh, yana paxta zavodda ishlaydigan «Barat maxorka» bor,— bu sira qaytmaydigan xilidan. Oʻroz, Qambar, yana qarol, chorakorlardan qancha tanishlar bor! Bularning bari bolʼshevik fikriga intizor, bari bolʼshevik boʻladigan yigitlar...»

Koʻkragini toʻldirgan ichki tetik quvonchi bilan Yoʻlchi qaddini rostladi, atrofga koʻz suzdi. Quyosh chiqib anhor yoqasidagi tollarni oltinlatgan; toza, yorqin havo koʻzni qamashtiradi. Tashlandiq tegirmonning chirik novidan suv, mayda kumush tomchilarni sachratib, guvillab otiladi. Bu yer pastqam joy boʻlgani, suvning narigi yogʻida, baland qiyalikdagi «yolgʻiz oyoq» yoʻldan boshqa koʻchasi boʻlmaganidan, atrofda hech kim koʻrinmaydi. Yigit muloyim jilmaydi: «Rosa gadoy topmas joyga oʻzimni uribman-da», dedi va eski choponining qoʻltigʻiga puxta yashirgan qogʻozni ushlab boqdi. Bu Petrovning oʻz doʻstiga, Andreev degan ishchi bolʼshevikka topshirish uchun yozib bergan xati boʻlib, unda Yoʻlchi yangi dunyoga tavsiya qilingan edi. Petrov bu xatni berarkan, uni yonda saqlamaslik kerakligini, tutilish tahlikasi oʻtganligiga ishongan taqdirda ham, kiyim-kechakni, mumkin boʻlsa, basharani ham oʻzgartib, gʻoyat ehtiyotkorlik va sergaklik bilan Andreevga topshirish lozimligini Yoʻlchiga uqtirgan edi. «Man topgan oltinim. Yoʻq, oltin nima! Bu — butun umr-ku...» ichida oʻyladi-da, Yoʻlchi, goʻyo umid-istakning qudratli qanotlarida koʻtarilgandek, sachrab urnidan turdi va anhor boʻylab ketdi.

Boylarning chaqigʻi va choyxonada politsiyaga qilgan «beadabligi» orqasida Yoʻlchi qamalgach, uch-toʻrt kundan keyin temir qafasga bir rus ham oʻtqazildi. Dahshatli yolgʻizlikdan yurak-bagʻri ezilgan Yoʻlchi, u kirib kelganda muloyim, samimiy tabassum bilan doʻstona qarshiladi. Koshki til bilsa-yu, u bilan suhbatlasha qolsa!.. Rus birinchi qarashdayoq Yoʻlchiga yoqdi. U oʻrta boʻyli, keng yagʻrinli, quyuq jingalak sochli, qoʻllari baquvvat, oʻttiz besh-qirq yosh orasida bir kishi edi. Etigi, shimi, kalta kamzuli eski boʻlsa ham, lekin hali unchalik toʻzimagan edi. Uning koʻzlarida, yuzida va butun harakatlarida sokinlik, jiddiyat va kuch yaqqol sezilib turar edi. U eski, yupqa namatdan odyolga oʻralgan tugunni burchakka tashladi-da, bir qoʻlida ezilgan shapkani oʻynab, ikkinchi qoʻlini shim kissasiga tiqib, Yoʻlchiga boshdan-oyoq bir zum tikilib, qalin ovoz bilan «yaxshi» dedi, soʻng haligi tugunga yonboshladi, uzoq vaqt oʻylanib yotdi. Lekin u koʻz qiri bilan yashirincha tikilib-tikilib qoʻyayotganini Yoʻlchi fahmladi va oʻzini yomon odam emasligini bildirishga tirishdi va oʻylanib dedi:
— Seniki mastiravoy!

U yotgan joyida boshini qimirlatib tasdiqladi-da, soʻng:
— Zavod rabota...— dedi jiddiy ravishda.
— Maniki boyda rabota yasaydi,— jonlanib gapirdi Yoʻlchi, yana aniqroq tushuntirish uchun, choponining yirtigʻidan jinday paxta uzib yerga tashladi va harakat bilan ketmon chopishni koʻrsatdi. Rus iljaydi va «tushunaman» deganday, koʻzlari bilan imo qildi-da, yana jim oʻylanib yotaverdi. Ertasiga u tugun ichidan qalingina bir kitob chiqarib koʻzini undan uzmay, ichida oʻqib yotdi. Faqat eshik orqasidan biron tovush kelsa, yoki biron harakat sezilsa, kitobni chaqqonlik bilan yashiradi, yana qoʻlga oladi, soatlarcha koʻz uzmaydi. Bu narsa aqlli Yoʻlchiga koʻp ma’no bildirdi, borgan sari rusga muhabbati orta bordi, tashqaridagi shubhali tovush va harakatlardan uni ogohlantirib turdi. Lekin oʻz savodsizligidan endi juda chuqur oʻksindi: Mana, bu oʻris kitob bilan dardlashib yotibdi, labi qimirlamasa ham, gaplashayotibdi. Eh, koʻrlik qursin!..» Bugun ular bir-birlarining ism va familiyalarini oʻrganishdi. Rusning familiyasi Petrov...

Bir necha kundan soʻng ular chin doʻstlik bilan bogʻlandilar. Bu doʻstlik turmada, temir qafasda birga kechirilgan ogʻir kunlarning siqintisi ostida tugʻilgan tasodifiy va muvaqqat qadrdonlik emasdi; fikrlari, hislari, istaklari, yuraklari yaqin boʻlgan va bularning maʼnosini koʻzlar bilan, ichki tuygʻu bilan tuygan shaxslarning oʻrtoqligi edi.

Til bilmaslik birinchi haftalarda ularni qattiq qiynadi. Lekin soʻzlashuv uchun ularda kuchli orzu, ruhiy zaruriyat boʻlganidan. bu kiyinlik asta-sekin yoʻqolaverdi. Ular eng ibtidoiy tilga — harakatlar, imolar bilan fikr uqtirishga murojaat qildilar. Bu ishda Petrov ajoyib mahorat koʻrsatdi, Yoʻlchi ham undan ortda qolmaslikka tirishdi. Soʻng, asta-asta ikkisi ham «tilga kira» boshladi, soʻzlik koʻpaydi. Keyingi oylarda esa ularning tillari ochilib ketdi.

Yoʻlchi uchun Petrov yolgʻiz fikrlari bilangina emas, butun hayoti va kurashi bilan muallim boʻldi. Unga chuqur hurmat va sevgi bilan qaradi. Shunday odamni sevmaslik mumkinmi, axir!.. Petrov qishloqda, kambagʻal dehqon oilasida tugʻiladi. Tirikchilik uchun oʻn uch-oʻn toʻrt yoshda oila quchogʻidan ayrilishga majbur boʻladi. Rostov shahriga kelib zavodga kiradi, masterlarning qoʻlida shogird boʻlib ishlaydi. Zolim hayotning butun qahr-gʻazablariga yoʻliqadi. Boylarga, pomeshchiklarga va ularning davlatiga nafrati oshadi va «hamyoni zoʻrlar» ning hokimiyatini parchalashga bel bogʻlagan kurashchilarga tabiiy bir ichki intilish bilan yaqinlashadi. Ularning yordami bilan oʻqish-yozishni oʻrganadi, zoʻr tirishqoqlik va sevgi bilan kitob mutolaasiga beriladi va mustahkam fikrlarga ega boʻladi.

1905 yil revolyutsiyasini Petrov qattiq bolʼshevik boʻlgan holda, barrikadalarda qoʻlida miltiq bilan turib qarshilaydi. Bundan keyingi hayoti qamalish, qochish, yashirinish bilan, bolʼshevistik ish va kurash alangasi bilan oʻtadi. Ikki yil ilgari Toshkentga kelib, temir yoʻl masterskoylarida ishlay boshladi. Ishchilar orasida urushga qarshi tashviqot yurgizgani va zabastovka tashkil qilgani uchun qamaladi. Boylarning boʻyinturugʻi ostida obdan ezilgan, butun borligʻi ularga qarshi nafrat bilan toʻlgan, kurash yoʻlini qidirgan bu aqlli yigitni— Yoʻlchini Petrov butun revolyutsion ruhi va sevgisi bilan tarbiyalaydi, revolyutsion kurash alangasi bilan uning fikrlarini oydinlatadi. Jamiyatda boylar va ishchi-mehnatkashlar sinfi borligini, boylarning manfaatlari bilan mehnatkashlarning manfaatlari bir-biriga zid ekanini, boylarning oltin-kumushlari mehnatkashlarning qoni, teridan yaratilganligini, butun davlat va uning mahkamalari boylarniki boʻlib, mehnatkashlarni ezish uchun xizmat qilishini tushuntirdi. Boylarning va hamma mulkdorlarning zulmidan qutulish uchun, ozodlikka, baxtga erishish uchun, hamma mehnatkashlar, din, millat farqiga bormasdan birlashib, uyushib, boylar hokimiyatini agʻdarishlari va butun ishni oʻz qoʻllariga olishlari; soʻng baravarlikka asoslangan hayot tuzishlari kerakligini uqtirdi. Yoʻlchini savodli qilishga astoydil urindi. Qoʻlga bazoʻr ilinadigan kichkina qalam bilan (u bu qalamchani yer-koʻkka ishonmas edi) maxorka qogʻozlariga yozib, Yoʻlchiga ruscha harflarni tanitdi. Natijada Yoʻlchi dastlab oʻz ismi va familiyasini yozishni oʻrgandi, keyin, yirik yozilgan harflarni qoʻshib oʻqiydigan va yozadigan boʻldi, har kun terlab-pishib, soatlarcha yozuv mashq qildi. Nihoyat, kecha kechasi ikkisi turmadan qochib chiqa bildi. Kuchli hayajon va samimiyat bilan quchoqlasha-quchoqlasha, vaqtincha ayrilishdi...

Yoʻlchi anhor yoqasida qalin oʻsgan tollar, teraklar, yapasqi oʻtlarni oralab ketdi. Bir qancha yurgach, Taxta-koʻprikka chiqdi. Koʻprik qarshisidagi koʻcha unga koʻrindi. Endi odamlar — otliq, piyoda, yosh-qari uchray boshladi. Koʻplari undan hurkib, shubhali nazar bilan qarab-qarab, chetlanib oʻtar edilar. Yoʻlchi ularga sira ahamiyat bermay, tanish koʻcha tomon yurdi. Bir ozdan soʻng mahallaning boʻgʻot tomli, past, xaroba uylari orasida gerdaygan, devori oppoq ganch, ikki qavatli imorat roʻbaroʻsida goʻxtab qoldi. Bu imorat Jamolboy paxtachiniki edi. Uning xizmatkori Joʻraga yoʻliqish uchun darvozaga kirdi. Otxonaga qarshi hujraning eshigini itarib qarab, uyda hech kim yoʻqligini bilib, xomush turgach, otxona ichidan iflos kurak va supurgi koʻtarib, Joʻra chiqdi va Yoʻlchidan oʻn qadam narida kurakka suyalib, hayratdan soʻrrayib qoldi.
— Hormang, Joʻra aka, mendan muncha hurkmasangiz...

Yoʻlchi iljaydi. U tomon qadam qoʻydi.
— Hov, qadimgi Yoʻlchimisan? Vajohatingdan odam emas, ot ham aravani olib qochadi!..

Mahkam qoʻl siqishgandan keyin, hujraga kirishdi. Yoʻlchi oʻz sarguzashtini soʻzlarkan, baqrayib tinglagan Joʻra, sabrsizlanib soʻradi:
— Endi tamom boʻshattilarmi sani?
— Boʻshatish qayoqda! Qochdik...
— Turmadan?—koʻz oqlarini oʻynatib soʻradi Joʻra. Yoʻlchi voqeani aytib berdi.
— Endi ehtiyot boʻl, sani qidirishadi,— tahlikani qoʻl harakati bilan ishorat qildi Joʻra va davom etdi.— Lekin xafa boʻlma, inim. San shuncha narsani bilib, koʻrib chiqibsan. Bu vaqt ichida man nima koʻrdim? Boʻynim bogʻliq ham emas, yechiq ham emas. Qamoq boʻlmasa ham, qamoqqa oʻxshaydi. Erta-kech yumush. Hemiri yonga tushmaydi. Qimmatchilik. Yana bular yetmaganday, oq podshoh degan xunasa farmon chiqarib, xalqdan mardikor soʻrab qoldi. Urushda qoʻli baland emas shekilli. Hammaning yuragi taka-puka...
— Mardikor olish? Bu qanday hangama?— qoshini chimirib Joʻraga tikildi Yoʻlchi.

Joʻra bu toʻgʻrida bilgan-eshitganlarini toʻkib soldi.
— Yana kambagʻallarning shoʻri qaynaydi, deng,— dedi Yoʻlchi gʻazablanib.
— Otangga rahmat!— Oʻrnidan irgʻib turib dedi Jura.
— Eldan burun manga xaridor topildi: xoʻjayin oʻz jiyani oʻrniga mani yubormoqchi!.. Sanlar uchun mani tuqqan enam oʻlsin, dedim.— Joʻra bir minut yerga boqib sukut qildi. Soʻng, sekingina dedi:— Yumushlarim koʻp. San bemalol oʻtiraver... e, soching? Man hozir...

U bir oʻspirin sartaroshni boshlab keldi. Kursi boʻlmagani uchun Yoʻlchi hujraning baland ostonasiga oʻtirdi. Sartarosh pastga tushib, ildamlik bilan ishini bajardi. Yoʻlchining qoʻliga kichkina toʻgarak oynani tutqazdi. Yigit unga boqib, moʻylovini chimirib, sartaroshga rahmat aytdi. Joʻra kissasini kavladi, sartaroshning haqini berib, joʻnatdi. Keyin Yoʻlchiga non qoʻydi, samovar-qumgʻondan bir oz sovugan choy damladi. Kechga qadar shu yerdan qoʻzgʻalmaslikni uqtirdi. Yoʻlchi anhorda choʻmilmoqchi ekanini soʻzladi. Joʻra doʻstlarcha koyib-koyib, hujraning besh tiyinlik chaqaday qulfini koʻrsatdi-da, yoʻqoldi.

Yoʻlchi choydan soʻng qogʻozday yupqa, chang bosgan bir parcha sovunni tokchadan topib, haligi anhorga bordi. Yechinib suvning mayin, yoqimli, sovuq toʻlqiniga koʻmildi, chuqur joyga yetganda, bir shoʻngʻib oldi. Keyin yana past joyga qaytib, yupqa sovunni boshga va badanga bir surib chiqdi, sovundan kir aralashgan koʻpikdan boshqa bir iz ham qolmadi. Qoʻllari bilan gavdasini kuchli ishqarkan, shunda oʻzining ozganini, yirik suyaklarining qavarganini sezdi.

Anhor, suv ogʻushida keng-moʻl yayrashga u qadar imkon bermasa-da, yigit qulochini katta otib, suvni «shaq-shaq» savalab, qirgʻoq boʻylab uzunasiga suzdi, gavdasi, qulochi bilan suvni koʻpirtirib, kuchli chayqatdi. Uzoqda, suvni hatto jimirlatmasdan, sekin va mayin sirpanib suzgan oq, olachipor oʻrdaklar hurka-hurka gʻagʻillashib, har tomonga ildam qochishdi. Yoʻlchi suzgan sayin oʻzini yengil sezar, tomirlari kengayar, naylari yoyilar, ularga kuch toʻlib, butun gavdasi rohatlanar edi. Atrof tinch. Oʻtkinchilar oz. Anhor yoqasida, tollar orasida, ikkita oq echki oʻtlab yuradi, ba’zan soqollarini serkillatib Yoʻlchiga qarashadi-da, soʻng boshlarini yana maysaga uzatishadi. Quyosh ancha koʻtarilgan. Lekin uning daraxtlar orasidan siljigan shu'lasi bu yerda kuydirmaydi, aksincha, badanga gʻoyat yoqadi.

Yoʻlchi kiyinib, yengilgina yurib ketdi. Joʻraning dim, qorongʻi hujrasiga qamalishni istamadi. U odamlar orasiga tezroq kirishga, har narsani bilishga, ishlashga shoshdi. Unsinni koʻrish, goʻzal xayol va dardli yodi bilan uning yuragini borgan sari chuqurroq yaralagan Gulnor toʻgʻrisida ikki ogʻiz soʻz eshitish orzusi kuchli edi. Lekin kechki yemoqqa chaqa topish uchun zaruriyat sezdi. Har qanday tahlikaga qoʻl siltab, bozorga ildam yugurdi.

Quyosh tik kelib, hamma yoqni kuydirardi. Toshlar oyoqlarni jiz-jiz uzib oladi. Chang. Kuchli issiqdan nafas boʻgʻiladi. Bozorning gʻovur-gʻuvuri avjda, odamlar asabiy, qoʻpol. Hammadan ter isi keladi. Hammaning tilida shikoyat: qimmatchilikdan, mardikor olish voqeasidan, bekorchilikdan shikoyat...

Yoʻlchi kechga qadar necha yerga yuk tashib, horgʻin hol-da Joʻranikiga keldi. Kalid yoʻqligidan hujrasiga kira olmay, Yoʻlchini kutgan Joʻra bilan bir oz gaplashib, singlisining oldiga ketdi. Yelkasi ustiga qoʻygan ogʻir yuklar ostida terlab-pishib, ming azob bilan topgan puliga yoʻlda Unsin uchun atigi ikkitagina yupqa vaznsiz non, oz-moz uzum ola bildi...

Nim qorongʻilik koʻchada hassasini doʻqillatib borayotgan Shokir otani uzoqdan payqab, sevinib yugurdi va cholning oldini toʻsdi:
— Bardammisiz, boboy?

Chol seskanib boshini koʻtardi, yigitni quchoqlab, suyak qoʻllari bilan uning yelkasini siladi. Hayajondan soʻzlashga soʻz topa olmay, oldinga tushib, kalavlanib ketaverdi va eshikka kirmasdan qichqirdi:
— Qizim, sevinchi ber! Akang.

Unsin hovlidan uchib chiqdi, akasini mahkam va uzoq quchoqladi.
— Yigʻlama, yigʻlama, jonim!— yuragi hislar bilan toʻlib-toshgan Yoʻlchi titroq ovoz bilan qizni yupatdi.

Kampir uzoqda turib soʻrashdi va duo qildi. Unsin darrov chiroq yoqib, hovli yuziga joy soldi. Yoʻlchi oʻtirgach, Shokir otaning yetim nabiralarini tizzasiga olib, oʻpib, uzumdan ikki boshni ularning qoʻlita tutqizdi. Bolalar behad quvonishib, Yoʻlchining boʻyniga osplishdi. Yoʻlchi Shokir otaning ahvolini, tirikchiligini soʻradi. Chol zamondan koʻproq shikoyat qildi, oʻz tirikchiligi haqida shunday dedi:
— Qiyinlikka qiyin, bolam. Lekin chorigʻimizni sudrab turibmiz. Toʻgʻrisini aytsam, bizni qizim Unsin boqmoqda. U tikkan mahsilarni qoʻlingga olu, tomosha qil. Sayraydi-da! Bunday tuygʻun, bunday ziyrak, bunday boadab qiz yetti iqlimda ham topilmaydi.

Bu soʻz Yoʻlchini juda quvontirdi. Chunki u, singlim kambagʻal oilaga boqim boʻlib qoldi, deb oʻylar, oʻylagan sari har vaqt yuragi ezilar edi. Shokir otadan shunday iltifotga, maqtovga sazovor boʻlgan singlisini toʻyib koʻrish uchun koʻzlari bilan hovlini aylandi. Unsin koʻrinmadi. Bir muddatdan soʻng, u uy ichidan yugurib chiqdi-da, orqa tomondan kelib, akasining boshidan doʻppisini olib tashladi. Yoʻlchi uchun oʻzi tayyorlagan yaxshi «tagdoʻzi» doʻppini kiydirdi. Yoʻlchi doʻppini olib, chiroqda tomosha qilib, yana kiydi, singlisiga rahmat aytib, uzoq tikilar ekan, qizning koʻzlarida chuqur qaygʻu koʻrdi.
— Nimaga hafasan? Mana, man sogʻ-salomat qaytdim. Bilmadim, hali boshimga yana nimalar tushadi, har vaqt dadil boʻl, Unsin!
— Hech nima,— yerga qarab dedi Unsin,—oʻzim shunday.

Chindan ham Unsin qaygʻuli edi. Sababi — Gulnorning vafoti... Uning oʻlim xabari, bu yerdagilarga avvalgi kun, Salimning oʻldirilishi munosabati bilan, har hil «mish-mish»lar aralash eshitilgan, Unsinning butun vujudini larzaga, solgan edi...

Shokir ota temirchini chaqirib keldi.. Ikki doʻst polvonlarday quchoqlashib, salmoqli koʻrishishdi. Kampir bilan qiz endi uy ichiga chekinishdi. Erkaklar choy ichib, jiddiy gaplasha boshladilar.

Yoʻlchi Qoratoydan zamon ahvolini soʻradi. Temirchi kambagʻal xalqning chuqur mashaqqat girdobiga botuvidan, ahvol shunday ketaversa, oqibatda xalqning ochlikdan qirilishidan soʻzladi. Yoʻlchi uni diqqat bilan tinglab, soʻng asli maqsadini ochishga, intildi. U bir oz engashib, tovushini pasaytirib dedi:
— Menimcha, Qoratoy aka, Shokir ota, butun kulfatlar turmushning yomon tuzilganidan qeladi. Nimaga? Oʻylab qarang, bir tomonda bir hovuch boylar hamma narsaga ega; hisobsiz-kitobsiz fuqaro-chi? Qip-yalangʻoch... Axir, kambagʻal xalq oʻz qoʻl kuchi bilan peshana teri bilan kun koʻrishga ham iloj topa olmaydi. Boylar oʻz fabrikasida, zavodida, katta-katta yer-suvida kambagʻalni ishlatib, mol-mulkini orttiradi, hamyonini toʻldiradi. Hammasi mehnatkashning kuchidan. Boʻlmasa, xudo osmondan tashlarmidi?! Mana hamma balo, hamma ofat shunda. Xalq borgan sari pachaqlanaveradi, boylar yashnayveradi, negaki, ildizi bizning kuchimizni soʻradi-da. Xoʻsh, nima qilish kerak deysizlar? Bundan qutulish uchun oh-voh, yigʻi-sigʻi sira foyda bermaydi. Qulchilikdan chiqmoqchi boʻlsak, kurashga bel bogʻlashimiz kerak. Hamma mehnatkashlarimizga shu fikrni uqtirib, ularning koʻzlarini ochishimiz kerak. Jamiki mehnatkashlar yaktan boʻlib chiqsa, boylarni va qonxoʻr Nikolayni agʻdarib tashlashi aniq gap. U vaqtda mehnatkash xalq oʻz ishini oʻzi bilib qiladi. Men eshitdimki, oʻris xalqining ishchilari, mastiravoylari shu fikrda ekan. Ular juda koʻp zamondan buyon mana shu yoʻlda ish olib borar ekan, Biz musulmon kambagʻallari ham ularning izidan borishimiz lozim. Qani, sizlar nima deysizlar?..

Yoʻlchi sukut qilib, dam Qoratoyga, dam Shokir otaga tikildi. Ularning ikkisi ham oʻyga botib, bir nafas jim qolishdi. Nihoyat, Qoratoy Yoʻlchining yelkasini doʻstona qoqib dedi:
— Rosa boshing bor, inim Yoʻlchi, oltin boshing bor. Gaplaring — bari haq. Agar oʻris mastiravoylari shu fikrda boʻlsa, biz ham shunga qoʻshilamiz. Negaki, ular juda bilgich xalq. Axir, hamma mashinani oʻshalar yuritadi-da.

Yoʻlchi doʻsti Petrov haqida soʻzlab berdi. Shokir ota juda taajjublandi.
— Mastiravoylaring juda oʻtkir xalq boʻlar ekan-da?—dedi chol.
— Juda bahodir xalq boʻladi,— gapga aralashdi temirchi,— yaqinda man Piyonbozorda bittasini koʻrdim. U kuppa-kunduzi, odamlar oʻrtasida bir ofitsarning betiga oʻxshatib tupursa boʻladimi! Hayroi qoldim...
— Rostmi?— yoqasini ushladi chol.
— Shu narsa aniqki, ishchilar urushga ham qarshi, Nikolayga ham qarshi, burjuylarga ham qarshi ekan.
— Burjuylar dedingmi? U nima tagʻin?— dedi Shokir ota.
— Oʻrislar boylarni burjuy der ekan,— dedi Yoʻlchi.
— Iya, oʻrislar boyni kupas derdi shekilli,— chol koʻzini tikdi Yoʻlchiga.
— Petrov boylarni burjuylar deb gapirardi har vaqt. Jamiki burjuylarni, toʻralarni yoʻqotib, hamma ishni biz oʻz odamlarimizga — ishchilarga topshiramiz deydi. «Sart» ham, oʻris ham baravar, deydi. Podshohni, boylarni yoʻqotsak, ana unda zamon yaxshilanadi, deydi. Gap koʻp, ota. Har bir soʻzini olib, andak mulohaza qilsangiz, maza qilasiz, negaki, oʻngkay toʻgʻri fikrlar ekaniga ishonasiz...

— Qoyilman, polvon inim,— yuragiga bir nima sigʻmaganday kukragini bosib gapirdi Qoratoy,— boy kimga kerak? Urush kimga kerak? Podshoh kimga kerak? Bulardan xalqqa hech manfaat tegmaydi-ku. Mana urushni koʻrdik. Azobi nuqul bizlarga. Boylar-chi? Avvalgidan koʻra kattaroq aysh qilib yuribdi. Mardikorlikka nuqul kambagʻal bolalarini roʻkach qilishadi. Dehqonni, kosibni yana xudo urdi. Mana ukamni xatga olishibdi. Yoʻlchiboy, akang aylangur, kambagʻalchilikdan garang boʻlib, boshim qotgan vaktda bu tashvish chiqdi, uh!..

Yoʻlchi peshanasini ushlab, yana nimalar haqida soʻzlash uchun oʻylab qoldi. Shokir ota hozir Yoʻlchidan eshitgan soʻzlarning ta’siriga berilib, oʻz-oʻzicha soʻzlay boshladi: «Tavba, ajoyib, ajoyib zamona. Yoshim shunchaga kelib, bundaylarni endi eshitdim. Shuning uchun aytadilar: oʻtirgan boʻyra, yurgan daryo... Butun umrim kavakda oʻtdi... Mayli, sizlar yashanglar, zamonni tuzatinglar...

Qoratoy Yoʻlchining yelkasiga qoʻlini qoʻydi, bu mahallada turish unga xavfli ekanini, hozircha shaharning chetrogʻida yashash lozimligini aytdi. Yoʻlchi dastllb ikkilandi. Lekin, chol ham bu fikrni «ayni maslahat» deb topganidan, rozi boʻldi-da, soʻradi:
— Qaerga?
— Taxtapulda bir keksa ammam bor. Befarzand, yolgʻiz oʻzi yashaydi. Shunikiga boramiz,— Qoratoy turdi, tor va dim hovlida boʻgʻilgan kabi, eski, yirtiq koʻylagi bilan yelpindi. Yoʻlchi Qoratoyni koʻchaga chiqarib, bir chetga singlisini chaqirdi. Maqsadi Gulnor toʻgʻrisida u bilan soʻzlashish edi. Bu xususda temirchi yoki choldan ma’lumot olishga uyalgan edi. Ammo, endi yuragini ochishga oʻz singlisiga ham jasorat qilolmadi. «Balki, oʻzi soʻzlar» deb umid qildi. Faqat, Unsin bu haqda hech nima demadi. Yolgʻiz, uning darrov ketishiga achinganini bildirdi, agar erta-indin kelmasa, temirchi bolalaridan birini olib, oʻzi borishini aytdi. Yoʻlchi boshqa bir gapni umid qildi-da, Shokir ota bilan xayrlashib, eshikka chiqarkan, orqasidan chol soʻzlab qoldi:
— Hay oʻt yigit, haligi soʻzlaring oltinga arziydi, ammo har kimga soʻzlayverma!
— Shu soʻzlarni odamlarga bildirish uchun turmadan qochdim, ota!

II

Oftob Yoʻlchining boshini qizitgandan soʻng, uygʻondi Uyquli koʻzlari bilan tevarakka qaradi. Soat chamasi oʻn. Qirtishlab supurilgan, top-toza, tekis kichik hovlida hech kim yoʻq, hech qanday tovush ham yoʻq. Bu uyning tanho bekasi boʻlgan Saodat kampir kabi qari bir tovuq jimgina yuradi. Bir chetda, devor tagida bir boʻyra, qadar joyda gultojixoʻroz, sadarayhon, namozshomgul oʻsib yotadi. Ayvoncha yonidagi hujraga oʻxshash uychaning eshikchasi ustidan zanjirli. Yoʻlchi oʻrnidan turib kiyindi. Hovlidan suv oʻtmas edi. Shuning uchun quyoshda isib qolgan chovgundagi, suv bilan bet-qoʻlini yuvdi, hovlida tentirab, sekin-sekin yura boshladi. U kechasi kichkina chiroqning shu'lasida hech nimani payqamagan edi. Qoratoy uni oʻz ammasiga xoʻp maqtab, uning boshidan oʻtgan ba’zi voqealarni, masalan, turmaga qamalishi, undan qochishini soʻzlarkan, u boshini quyi solib oʻtirgan va Qoratoy ketmasdanoq koʻrpaga kirgani uchun kampirni ham gʻira-shira koʻrgan edi. Ammo u bema’ni taqvodor kampirlardan boʻlmay, balki dadil, ochiq koʻngilli bir ayol ekanini, Yoʻlchi uning ovozidan, Qoratoyga qilgan hazilkashligidan va oʻziga qaratib aytgan mana shu soʻzlaridan anglagan edi: «Chirogʻim, bu yerni oʻz uyingdek bil. Qoratoyim. qanday boʻlsa, san ham manga shundaysan. Balki undan afzalsan. Bu temirchim «amma, eshigingga tamba» deydiganlardan. Shundaqami, Qoram? Uyalma, man mahallamda domla imomdan, soʻfidan, uchta-toʻrtta kazo-kazolardan, tagʻin guzardagilardan qochaman. Boshqalar bilan bolam-boʻtam deb, qochmasdan soʻrasha beraman...»

Har burchagidan kambagʻallik va muhtojlik koʻzlari olaygan, lekin roʻzgʻor qaqir-ququri ehtiyot va diqqat bilan oʻz joyida saranjomlangan, chuqur jimjitlik hukm surgan hovlida Yoʻlchi tanho yurganda uning koʻksini zirqirab ogʻritgan ishqiy kechinmalar qopladi, butun borligʻini Gulnorning yodi asir qildi: «U taqdirga tan berib, nihoyat, koʻnikdimi? Meni unutdimi? Yoʻq, nega unutsin, Gulnor-a?.. Hozir bogʻda nima qilayotgan ekan? Bir koʻrsam, jilla boʻlmasa, ovozini eshitsam. Kimni yuboraman? Unsin koʻrmagan, ham u yer ancha uzoq... Oʻzim borsam-chi? Tevarakda gir-gir aylanaman. U meni qaydan biladi? Agar qadamimni boy sezib qolsa, Gulnorning ahvoli ogʻirlashmaydimi? Albatta, Gulnorga kishan soladilar. Boy yomon odam...»

Yoʻlchi shuning singari oʻylarga berilgan chogʻda, koʻcha eshik qattiq itarildi... Boshiga boʻsh savatni qoʻyib, paranjini sudrab Saodat kampir keldi.
— Qorning ochgandir, arslontoyim, — paranji va savatni ayvonga uloqtirib dedi kampir,— hozir choy qaynatamai.

Yuragi qaygʻuga toʻlgan Yoʻlchi endi sira tortinmasdan, dardiga dardkash bir ona kabi, u bilan soʻzlasha boshladi.

Saodat kampir, uzun yoshiga qaramay, hali egilmagan, oriq, lekin suyakli, qiygʻir burunli, harakatlaridan shijoatli va chaqqon ekani bilingan erkaksimon bir xotin edi. Uning kichik, koʻkishroq koʻzlari ogʻir mehnat, jafokashlik, sabr va qanoat bilan toʻlgan hayotining, baxtsizlikka, qiyinchiliklarga qaramay, oʻz gʻururini yoʻqotmagan uzun umrning tarixini jonli ifoda qilar edi.
— Qaerdan keldingiz, ona?—dedi Yoʻlchi.

Kampir kichkina samovarga olov solib, yigit yoniga qaytdi-da, erkakcha ovoz bilan shoshmasdan gapirdi:
— Tirikchilik, bolam. Man nonvoyman. Ana, oshxonada kattakon tandirim bor, koʻrmadingmi?.. Kun chiqmasdan un eladim, xamir qordim. Xamir achiguncha, oʻtin yorib, tandirga oʻt qoʻydim. Non yasab boʻlguncha tandir qizidi. Keyin bir chekadan yopdim. Bir savatini guzarga olib chiqib sotdim. Yana bir savat non bor. Choyni ichib yana olib chiqaman...
— Qancha yildan buyon yolgʻiz yashaysiz?—dedi Yoʻlchi qiziqib.
— Rahmatli erim mardikor edi,— dedi kampir,—yozda topgani qishga yetmasdi. Buning ustiga u, kasalga chalinib, ertaroq ishdan chiqib qoldi. Uni boqdim. Ha, necha yil deysan, oʻlganiga rosa yigirma yil boʻldi. Farzand yuzini koʻrgan emasman, bolam. Hech kimga xor-zor boʻlmay deb, tirishib-tirmashib yotibman. Bir vaqtlar doʻppi tikdim, koʻrpa qavidim, ishtonbogʻ toʻqidim. Endi unday ishlarga koʻzim oʻtmaydi.
— Qalay, novvoylikdan bir nima ortadimi?
— Goh undoq, goh bundoq....— dedi-da, samovarga qarab ketdi.— Ba’zi vaqt nuqul zarar: nonki sotamak, bozorga borsam, un bahosi oshib ketibdi... Dastmoyam bir pud un edi, tunov kun birdan yigirma besh qadoqqa tushib qoldi. Yana shu kunda bir oz epaqaga keltirdim. Foydasi shuki bolam, bozordan non sotib olmayman. Kunda ikkita non oʻzimga qolsa, shu katta davlat...

Choydan soʻng Yoʻlchi savatga non solib berishini soʻradi. Kampir e’tiroz qilsa ham, u oʻz soʻzida turgani uchun, nihoyat savatga non taxlab berishga majbur boʻldi. Yulchi savatni kaftida tutib, Kalkovuz suvini boʻylab, Taxtapul guzariga chiqdi. Bu yerda uch soat qadar aylandi. Koʻrinishda xamma yoq tinch. Choyxonalarda bedanalar sayraydi. Baqqollar, qassoblar xaridorlar bilan gʻijil-laytadi. Boʻyinlariga osilgan qoʻngʻiroqlarni ogʻir jaranglatib tuyalar oʻtadi. Kun issiq. Bir bola qichqirib ayron shopiradi. Lekin odamlariing koʻzlarida, harakatlarida, qandaydir notinchlik sezdi Yoʻlchi. Ayiniqsa, dexqon ahlida olovlanishga boshlagan bir gʻazab tuydi. Podshohning mardikor olish toʻgʻrisidagi farmoni ustida soʻz qoʻzgʻalarkan, xalq har xil jabr, zulm, haqsizliklardan achchiq shikoyat qilar edi. Payti kelganda Yoʻlchi boylarga, urushga, amaldorlarga qarshi soʻzlab, mardikor bermaslikka undab, ehtiyotdan yana qichqirib qoʻyardi: «Sara non!», «Sara non!»

U choyxonada uyi shu tomonda boʻlgan va ilgari tanish bir odam bilan uchrashib, unga oʻn ming xom gʻisht quyib berishni baholab oldi. Non bitgach, savatni anhor boʻyida supurgi bogʻlab oʻtirgan bir kishiga omonat tashlab, bozorga gʻizilladi. Bir qop nosvoy talqonni oʻrdaga eltish uchun koʻtardi. «Qatorterak»da, tramvay toʻxtaydigan joyda, yukni yoʻlkaga qoʻyib, terlarini artdi. Naq shu paytda odamlar alanglanib, bir-birlarini sekin turtishib bir tomonga tiqilishdi. Yoʻlchi koʻzini qisib u tomonga qaradi. Bir necha qadam narida, koʻchaning oʻrtasida bir oʻris mirshab, ikki «sart» mirshab, qilichlarini yalangʻochlab, sekin va mudhish tantana bilan Yormatni olib kelishar edilar. Yormatning boʻyni bukik, koʻzi yerda edi, uning butun siymosida dahshatli falokatga yuliqqan odamning ifodasi barq urar edi. Yoʻlchining rangi oʻchdi, koʻzlari olayib, titroq ovoz bilan qichqirishdan oʻzini tiyolmadi.
— Yormat aka!

Yormat tevarakka sekin qaradi. Yoʻlchini koʻrib, chuqur, tamli va nochor, lekin qandaydir mehrli nazar bilan, kechir meni!»— deganday boqdi va qoʻlini allaqanday chuqur ingichka ma’no bilan boʻshang silkdi. Goʻyo «hamma narsa bitdi!» deganday... Mirshablar Yoʻlchiga zugʻum bilan oʻqrayib oʻtishdi. Yoʻlchi bir minut anqayib qoldi-da, yukni nari-beri orqalab, ularning iziga tushdi.

U ilgari Yormatni har qancha sevmasa ham, hozir uni shu vaziyatda koʻrib achindi. Biri oldinda, ikkisi orqada qilich yalangʻochlagan mirshablar oʻrtasida boruvchi Yormatning bukik boʻynidan koʻz uzmadi. Lekin unga yaqinlashib, bir ogʻiz soʻz soʻrashga imkon topolmadi. Ulardan keyinroqda oʻylab keta berdi: «Bu sodiq qul, balki undan battar odam edi. Nima jinoyat qilishi mumkin? Ishi ogʻir koʻrinadi. Qani, xoʻjayinlari qutqarib olarmikan! Uni qamasalar, surgun qilsalar, Gulnor xafa boʻladi, albatta. Har nima boʻlmasin, Yormat uning otasi...»

Oʻrdaga kelib, yukni tashladi, mehnati uchun haq olishni ham unutib, Yormat orqasidan ketdi. Ancha yergacha kuzatib, uni turmaga olib borishlarini anglagach, noiloj orqaga qaytdi; bu hodisaning sababini kimdan surishrishni oʻyladi.

Kechqurun Saodat kampir, doʻppiday oʻchoq oldida choʻqqayib, moshxoʻrda qaynatarkan, Yoʻlchi kirib keldi. Unga boshdan-yooq razm solib, kampirning rangi oʻchdi, titrab oʻrnidan turib dedi:
— Nima boʻldi sanga, arslontoyim? Uying kuygur tasqara mirshablar izingga tushib quvladimi?

Yoʻlchi javob qaytarmadi. Ayvon labiga oʻtirib, boshni qoʻllari orasiga oldi. Kampir uning qarshisiga kelib, yana soʻzladi:
— Nimaga titraysai, bolam? Ayta qolsang-chi. Ketibsanki, ikki koʻzim eshikda, ana kelar, deyman—yoʻq, mana kelar deyman—yoʻq. Necha marta guzarga chiqib keldim. Shunday yigitni koʻrdinglarmi, deb odamlardan soʻradim.

Nima siring bor, qaerda eding, gapir, bolam, koʻnglim tinchisin...

Yoʻlchi koʻchada boyning eski prikashiklaridan birini koʻrib, undan hamma voqeani, ya’ni Gulnorning vafoti, Yormat uni Salimboyvachcha zaharlagan, deb qizining oʻchini olib, bundan uch-toʻrt kun burun boyvachchani oʻldirib, oʻzi gʻoyib boʻlganini, bu kun qaerdadir ushlanganini eshitgan edi.
— Ona,— boshini koʻtarmay dedi Yoʻlchi,— man qamalishdan qoʻrqmayman, dordan ham, oʻqdan ham qoʻrqmayman. Turma! Bu dunyo turmadan yaxshimi? Olam zindondan qorongʻiroq, iflosroq ,emasmi? Hamma yoq qorongʻi, hamma yoqdan zahar yogʻiladi. Qachongacha zahar ichaman?!
— Voy, nima deb aljiraysan? Avji oʻynab-kuladigan chogʻing-ku. Rost, ba’zi vaqtda dunyodan chiqib ketging keladi. Dunyo qursin, gʻam koʻp, gʻussa koʻp, beva-bechora koʻp. Ayniqsa shu zamonda hammaning hasratidan chang chiqadi. Birov yegali non topa olmaydi, birovnikida qozon-qozon moy qaynaydi. Birov chaqaga zor. Birov pulning hidiga yota olmaydi. Dunyo shunday yasolgan ekan, bolam. Birovga yorugʻ, birovga qorongʻi. Ammo har narsani oʻylab dilga tugma, xafaqon boʻlib qolasan... Yoshsan, sogʻsan, ishla, ulfat qur, har bir shoʻxlik yigitlikda yarashadi, bolam.
— Durust, ona,— Gʻamgin tovush bilan dedi Yoʻlchi,— yoshman, sogʻman, lekin yuragim eng katta quvonchini mangulikka yoʻqotgan. Yolgʻiz hasrat bilan, yashayman. Yuragimga oʻyin-kulgi ortiq sigʻmaydi.

Kampir sukut qildi. Yoʻlchi bir necha soʻz bilan oʻzining baxtsiz sevgisini kampirga aytishga ehtiyoj sezdi. Soʻzlarkan, koʻzlaridan yirik, qaynoq tomchilar yumalandi... Kampir tishsiz ogʻzini ochib, qaygʻuli koʻzlari bilan yigitga qarab qoldi. Bir-ikki minut sukutdan soʻng ogʻir yuk ostida ezilgan kabi, uzun bir «uh» tortib, ojizona, shikoyat ohangi bilan oʻz-oʻzicha dedi:
— Ey dunyoyi bevafo!.. Qahringdan hammaning bagʻri qon, koʻngli parishon. Shu yigitdan bir qatra baxtni ayadingmi!

U Yoʻlchiga yaqin kelib, ona kabi boshini siladi va yupata boshladi.

Yoʻlchi katta tovoqdagi goʻshtsiz, qatiqsiz, leqin rayhon moʻlligidan, koʻkargan moshxoʻrdadan ishtahasi yoʻqligidan, kampirning koʻngli uchun, ikki qoshiqqina ichdi-da, singlisi Unsin toʻgʻrisida soʻz ochdi. Nomusli, mehnatkash yigit topilsa, qizni tezroq uzatishga qaror qilganini, bu xususda kampirning fikrini bilmoqchi ekanini aytdi ham erta-indin Unsin bu yerga kelsa, bu gapni unga ohista, yotigʻi bilan bildirishni soʻradi. Kampir bu masalada shoshish yaramasligini, kuyovni xoʻp tanlab, ota-onasini surishtirib, kasb-korini bilib, undan keyin toʻyga javob berish kerakligini ta’kid qildi.
— Yigit nomusli, gʻayratli boʻlsa— bas. Man uy-joyini surishtirmayman, rna,— dedi Yoʻlchi xoʻrsinib,— toping, balki tanishlaringiz bordir...
— Oldin ayt-chi,— tovoq-qoshigʻini bir chetga surib dedi kampir,— nimaga shoshasan? Bu ishga, bilishimcha, hozir jazm qilding, uzoq-yaqinda yaxshi yigitlar bor. Shunday boʻlsa ham tanlash, sinash kerak, bolam!
— Xoʻp, tanlang, sinang, ona. Man anov Shokir otaga, Qoratoy akaga ham aytaman. Ona, hali boshimga qanday ishlar tushadi? Bu koʻzlarim nimalarni koʻradi? Qachongacha ovozimni boʻgʻadilar? Tirikman, tinchimayman. Koʻrsataman ularga!—Yoʻlchi qizgʻin gʻazabdan sachrab hovliga tushdi, nimalarnidir soʻzlab, u yoq-bu yoqqa yura boshladi. Kampir sinovchi koʻzlari bilan yigitga uzoq tikildi, boshini ohista chayqab, soʻng yengil bir xoʻrsinib dedi:
— Xato qilibman, san olov ekansan, boʻlakcha yigit ekansan. Oʻt kech, suv kech. Sanday yigitga hamma narsa yarashadi... Hay, bu shovqin nima?—kampir koʻcha tomonga quloq soldi. Yoʻlchi hovli oʻrtasida bir zum qotib, tingladi-da, koʻchaga yugura ketdi.

Erkak, ayol, jami oʻttizga yaqin odam tor koʻchaga gʻuj boʻlgan. Erkaklarning koʻzlari gʻazabdan chaqchaygan, boʻyin tomirlarini qavartirib, boʻgʻilib baqirishadi! Paranji-chachvon ichidagi ayollar esa erkaklar oʻrtasida oʻzlarini juda dadil tutib, erlari savalagandan battar chinqirishadi, kimnidir qargʻashadi. Yoʻlchi chetroqdan bir oz qarab, soʻng olomon ichiga kirdi. Odamlarning ikki guruh ekanini angladi: oʻrta yoshli, qisiq koʻzlarida gʻirromlik barq urgan, jikkak ellik boshi ham uning atrofida uch yigit va bir keksa odam; bularning kiyimlaridan, harakatlaridan, soʻzlaridan bu mahallaning boylari, qolganlarining bari mahalla kambagʻallari ekanini Yoʻlchi darrov payqab oldi. U oʻzini sovuqqonlikka solib, shovqin-suron ichida ikki tomonning soʻzlarini, maqsadlarini diqqat bilan tinglashga kirishdi. Boy va boyvachchalarning yuzlari jahldan burishsa ham, ular janjalni ulgʻaytirmaslik uchun ustalik bilan muomala qilishta intiladilar, ellik boshiga har xil imo va ishora qiladilar. Lekin urushga mardikor olish munosabati bilan oʻz mansabini, mavqeini baland darajaga koʻtargan va yuqori hokimlar oldida tilining uzun boʻlganiga toʻla ishongan ellik boshi fuqaroni sira mensimaydi, yoshlarni «it» deydi, keksalarni «ablah», «bema’ni chol!» deydi. U olomonning shovqiniga chidolmagan kabi, ikki qulogʻini ikki qoʻli bilan berkitib qichqiradi:

— Achavat koʻchib keldimi? Nega shallaqilik qilasanlar? Oʻn marta, yuz marta gapirdim sanlarga, yana aytaman: mahallamizdan taxminan oʻn besh kishi mardikorlikka ketadi. Biz yigirma chogʻli yigitni oʻzimizcha moʻljallab qoʻydik. Hali xatga olganimiz yoʻq, yuqoriga bildirganimiz yoʻq. Toʻpolon nimaga, xoʻsh? Lekin man etlaringni oʻldirib qoʻyay, ming dod denglar, ming faryod denglar — behuda! Oq podshoh hazratlarining fuqarosimisanlar, albatta. Bolalaringni berasanlar, vassalom!
— Bermaymiz,— deb qichqirdi olomon.
— Zolim podshohdan bezdik, oʻla qolsin u!—deb kichqirishdi xotinlar.
— Man endi ayamayman,— deb baqirdi ellik boshi,— kimning ogʻzidan shunday soʻz eshitsam, darrov mahkamaga xabar qilaman.
— Qoʻlingdan kelsa, osdir, Sibirga yubor,— dedi oʻdagʻaylab bir yigit.
— Shoshma!— olomonning ichidan kir qalpoqli yalang oyoq baquvvat chol chiqdi, koʻzlarining oqini oʻynatib, qoʻlini havoga koʻtarib xirilladi:— Shoshma, yigirma yigit kimning oʻgʻillari? Mahamadjon bazzozda besh oʻgʻil bor. Shoyunus karvonda yetti oʻgʻil bor, Azim choyfurushda uch oʻgʻil bor, ulardan bittasi kirdimi xatga? Yoʻq! U boyvachchalar osmondan tushganmi? Podshoh, gubernatorlar bari ularniki edi-ku; urushdan ham ular foydalanadi, nimcha boylar loʻmboz boʻlib qoldi. Sizlar nuqul manga oʻxshash dehqonning bolasini, podachi, kosib bolalarini joʻnatmoqchisizlar. Kambagʻal har yerda musht yerdi, chetga qoqilardi, arzi dodini hech kim tinglamasdi. Endi hukumatga bolalarimiz kerak boʻlib qolibdi, oʻhoʻ! Nayrangbozlixni qara, evi bilan boʻladi-da!

Oriq kosib yigitcha, joʻja xoʻrozday, boʻynini choʻzib qichqirdi:
— Nimaga oʻz ukalaringiz chetda qoldi, ellik boshi, shu ham insofmi?

Bu soʻzlar Yoʻlchining yuragida boʻron yasadi, u totli, zavqli hayajon bilan qaltiradi. Chunki u xalqqa aytmoqchi boʻlgan eng qimmatli fikrlarni, yuragining yagona haqiqat, yagona imon deb bildigi narsalarni xalq oʻz ogʻzi bilan ayta boshladi. Uning boshini, koʻnglini oʻragan umidsizlik tumani bir lahzada koʻtarildi. U endi tanho emas, u oʻzini doʻstlar ichida, oʻzi kabi ezilgan, jabr-zulmga qarshi kurash uchun shaylana boshlagan odamlar orasida sezdi. U goʻyo qorongʻi, sassiq zindondan yorqin, toza koʻklam havosiga chiqqanday boʻldi...
— Jamoat,— keksa boy oʻsiq qoshlarini chimirib, salmoqli ravishda gapira boshladi, — alhamdullilo, hammamiz musulmonmiz, bir otaning bolalarimiz, bir mahalladamiz, tobutkashmiz, har kun bir-birimizga salom-alik qilishamiz. Shuning uchun nechogʻlik ahil-inoq boʻlishimiz kerak. Qoʻlimizni bigiz qilib, nega falonchi oʻgʻlini bermadi, nega pistonchi chetda qoldirildi, bu Eshmat, bu Toshmat, deb koʻrsata bersak, oramizda fitna paydo boʻladi. Boy, kambagʻal deb ayirmachilik qilish zoʻr gunohdir. Ikkisi ham Olloning quli. Biriga bu dunyo berilgan, ikkinchisiga u dunyo, har bir aqli salim sohibi banda kambagʻallikning darajasi naqadar ulugʻligini fahmlasa kerak. Soʻngra, mahallamizda ovozali boyonlar ham yoʻq. Bittasi manmi? Bittasi Shoyunus karvonmi? Har kimning karmoni oʻziga ma’lum. Ammo bizlar qarab turmaymiz, qoʻldan kelgancha, hukumatga yordam beramiz.. Shayton alayhilla’naning yoʻlidan chiqish kerak, musulmonlar!
— Oʻzingizni kamsitmang, Toshkentning oʻn ikki qopqasiga borilsa, kimning yeri — Qurbonhojining yeri-ku!— dedi qichqirib haligi chol dehqon.
— Biz yordam bera olmaymiz!
— Oʻzimiz yordamga muhtojmiz.

Har yoqdan erkaklar baqirishdi, xotinlar qargʻashdi. Ellik boshining lablari allaqanday yomon qiyshaydi.
— Tarqalinglar!—deb boʻgʻilib baqirdi-da, hammani soʻka boshladi.

Bir xotin uning tumshugʻiga borib, doʻq qildi: «Xatdan oʻchir oʻgʻlimni hozir!»

Ellik boshi gʻazablanib, xotinning boshiga qoʻl koʻtardi, lekin urmadi: «Yoʻqol, jalab!» deb keskin qichqirdi u. Odamlar bir lahzada seskanib, bir-birlariga qarashdi. Birdan oʻnlarcha musht havoga koʻtarildi. Ellik boshi va uning sheriklari kaltak ostida qoldi. Yoʻlchining qoʻli qichisa ham, aralashmay, hayajon bilan tomosha qildi. Olomon zoʻr. Usiz ham ishni bajardilar! Hali soʻzlagan keksa boy, oʻzini bazoʻr chetga ola bildi. Qolganlari olomonning oyoqlari ostida yumalanib, «safar qochdi» qilingan itday savalandi. Faqat shu vaqtda, uzun, keng choponini sudrab, uzoqdan lapanglab yugurgan domla imom chiyildoq ovoz bilan qichqirdi:
— Hoy, musulmonlar! Hoy, ahli mahalla!

Soʻz ta’sir qilmagach, oʻzi olomon orasiga kirib odamlarni ayira boshladi. Dastlab, yoshi oʻzganlar, soʻngra yosh-yalanglar chetlanishdi. Ellik boshi va uning sheriklari qon tupurib, ogʻir ingrab imomning yordami bilan oʻrinlaridan bazoʻr turishdi. Ular butun gavdasi bilan tuproqqa koʻmilgan edi. Ularning bari jarohatlangan. Kimi boshini ushlaydi, kimi belini koʻtara olmaydi. Ellik boshining peshanasi gʻurra, burnidan qon oqadi, shishgan qovoqlari koʻzlarini qoplagan; loy va qon aralash tuplaydi. Imom toʻpolonda boshidan tushib, tuproqqa qorishgan sallasini qoqib-qoqib qaytadan oʻrarkan, oʻz qavmiga va’z-nasihat qildi. Yurt boshiga kelgan har nav hodisaga qarshi kecha-kunduz toat-ibodat qilish kerakligini, takbir tushirish bilan mushkullarning oson boʻlishini soʻzladi. Podshoh, garchi kofir boʻlsa ham, «amrini ijro qilish har bir musulmon fuqaroga farz» ekanini uqtirishga tirishdi. Lekin odamlar uning soʻzini avvalgiday ta’zim, hurmat bilan tinglamaganlari, hatto, ba’zilari uni ham adolatsizlikda ayblab, piching qilganlari uchun obroʻyni battarroq tushirmaslikni moʻljalladi-da, oʻz majruhlarini oldiga solib, machit tomonga joʻnadi. Ellik boshi olomonga qayrilib, bir qoʻli bilan shish koʻzlarini yashirgan holda, ikkinchi qoʻlini musht qilib, doʻq urdi. Olomon ichidan bir kosib yigitcha, boʻynini xoʻrozday choʻzib, barala qichqirdi:
— Bundan beshbattar qilamiz!

Soʻfi minoradan namozasrga chaqirdi. Odamlar birin-sirin tarqala boshlarkan, Yoʻlchi baland tovush bilan ularga murojaat qilib, toʻxtatdi, hammasi begona yigitga tikildi.
— Xaloyiq!—dedi Yoʻlchi hayajonlanib.— Boʻsh kelmanglar, oyoqni tirash kerak, mushtni koʻrsatish kerak. Jamiki kambagʻal xalq qoʻlni qoʻlga berib, yaktan boʻlib tursa, kimning haddi bor mardikor olishga!? Boylar, amaldorlar oʻz podshohiga yon bosadi, podshoh ularga yon bosadi. Boylarning podshohparast boʻlishi bekorga emas. Yer ularniki, suv ularniki, qozixona, dumaxona, jamiki mahkamalar ularniki. Qaerga borsalar, ularning soʻzi ma’qul, kambagʻalning arzi dodi uch pul!—Yoʻlchi bir nafas toʻxtab, uning soʻzini diqqat bilan tinglashgan odamlarga qaradi, yana kuchli hayajonlanib davom etdi:— Urush boylarning hamyonini toʻldirdimi?, Bas, ular borsin! Birodarlar, oʻylab qaranglar, shu ham tirikchilikmi? Axir, bu bir zindon emasmi? Tokaygacha qon yutamiz, tokaygacha yerga choʻkkalaymiz? Ovozimizni baland qoʻyaylik, yo haq, yo oʻlim!.. Bunday toʻpolonlar yolgʻiz bu mahallada emas, koʻp mahallalarda boʻlib turibdi. Eshitgan boʻlsangiz kerak, hozir koʻp shaharlarda, kent, qishloqlarda kambagʻal xalq oʻz haqini da’vo qilish uchun shaylanmoqda. Man bu kun juda qiziq xabarlar eshitdim. Gap shu, birodarlar, zulm-jabrga qarshi jang qilish uchun tayyorlanish kerak. Boylarning soʻziga sira uchish kerak emas. Ularning bari aldoqchi, bari yurtimizni zaharlaydi, bari iflos! Man ularni juda yaxshi bilib olganman...

Yoʻlchi soʻzini bitirib, hansirab, devorga suyaldi. Gapim ma’qulmi, deganday odamlarga bir-bir qarab qoʻydi. Uch-toʻrt kishining koʻzi yerga qadalgan. Bir necha yigitlar uning yoniga kelib, ham maroqlanib, ham tortinib u bilan soʻzlasha boshladi. Xotinlarning ba’zilari qiziqqanlaridan chachvonlarini qiya ochib, Yoʻlchiga yashirincha moʻralashdi. Kimdir birov, «otash zabon yigit ekan» deb qoʻydi. Bir necha yigitlar Yoʻlchining atrofini qurshadi. Yoʻlchi ular bilan sodda va ochiq koʻngil bilan soʻzlashib, birpasda apoq-chapoq oʻrtoqlashib qoldi...

III

Oddiy yoz tongi... Quyosh Kalkovuz suvi boʻylab oʻsgan qalin tollarning uchida oʻynaydi.

Yoʻlchi kun qizimasdan bir necha yuz xom gʻisht quyib olish uchun oshiqardi, yuqori mahalla tomonidan kelayotgan eski-tuski paranjili besh-oltita ayolni, hayajonli ravishda tevarakka alanglab, ildam yugurgan bir necha yngitni koʻrdi, yuragi birdan allanechuk toʻlqinlanib, keluvchilarga termilgan holda, toʻxtab qoldi.

Ayollar koʻprik boshida chapak chalib, tizzalarini urib chinqirishdi: «Dod zolimlarning dastidan! Oq podshohning taxti kuysin! Qorasi oʻchsin!» Yigitlardan biri — uvada kiyimli, chorpaxil va yuzi oftobda kuygan korandami, chorakormi, koʻzlarini chaqchaytirib, ogʻzini katta ochib, yoʻgʻon tovush bilan atrofga bong urdi: «Yuraver, yigitlar, yuraver! Maydonga roʻyirost chiqib, haqimizni dov qilamiz!»

Guzarda odam uncha qalin emasdi. Ayollarning yigʻi va xitoblari, zolimlarni qargʻashlari, yigitlarning mardona ovozlari ba’zi kishilarni choʻchitib, olazarak qildi. Ba’zilar esa ikkilanib, bir-birlariga imo qilib, sekin-sekin ularga yondasha boshladilar... Doʻkonini endigina ochib, yoʻlkaga suv sepib, supurib turgan baqqol, bir minut lang boʻlib qoldi. Soʻng, yigitlarga, ayollarga shubha va nafrat bilan tikilib, yelkasini qisdi-da, darrov doʻkonning ichiga qamaldi... Hayajondan Yoʻlchining yuragi, sandonga tushgan ogʻir bolgʻaday, koʻkrakni «gurs-gurs» urmoqda edi. U bir nafas oʻyladi. Kunning azamat ma’nosi unga quyoshday yorqinlashdi... Alamli va yarali koʻngillardan roʻyi-rost otilib, havoni yangratgan haqiqat ovozi uning butun vujudini titratdi, mazlumlarning, haqoratlanganlarning, tepkilanganlarning ulugʻ azamat kuni tugʻilganiga shubha qolmadi. Qanday kun? Zolimlarning, zamon zoʻravonlarining yoqalarini tutib, toptalgan huquqlarini dovlash, qonxoʻr oq podshohning qora dovrugʻini, uning mazlum xalqlar boshida jilpanglagan ilon qamchinini sindirish kuni! Yoʻlchi koʻpdan kutgan va sevgisi qadar chuqur, ma’noli bir kun! U koʻp yillardan buyon bu kunga intizor emasmidi? Koʻp yillardan buyon bu kunning dardi va sevgisi bilan yashamasmidi? Ayniqsa, keyingi vaqtlarda bu ulugʻ kunning ruhini oʻz yuragi bilan chuqur sezib, har yerda—mahallada, choyxonada, bozorda—oʻzi kabi ezilganlar, alamdiydalarning koʻkragini bu ruhning otashi bilan yondirishga intilmaganmidi?

Yoʻlchining butun borligʻida siqilib yotgan kuch olov kabi bir onda lov yonib ketdi...

Odam ancha qalinlashdi, xitoblar, qargʻishlar, ayol yigʻilari kuchaydi.

Shu chogʻda, qaerdandir kelib qolgan oppoq, koʻrkam soqolli bir keksa, odamlarga qarab, duo qilgan kabi, qoʻl yozib, baland qichqirdi:
— Azamatlar, shaylaninglar, gʻazot, gʻazot? Choyxonadan ikki chapan yigit yugurib chiqib, qoʻl qovushtirib, cholga ta’zim qildi. Chol fotiha bergach, ular belbogʻlariga osilgan qinlarni salmoqlab koʻrib, odamlarga gʻurur bilan tikilishdi. Yoʻlchi qoʻlini koʻksiga qoʻyib, moʻysafiddan soʻradi:
— Ota, gʻazotning chin ma’nosi nima?
— Tushunmaysanmi? Musulmon farzandi-ya!—salmoqlanib soʻradi chol.
— Jilla aniq emas.
— Boʻtam, din islomda gʻazot — musulmonlarning kofirlarga qarshi jang qilishidir. Oʻlsang shahid, oʻldirsang gʻoziy! Kitoblardagi asli urush mana shu boʻladi!— deb tushuntirdi chol.
— Yoʻq, ota, toʻgʻri emas!— sabrsizlanib dedi Yoʻlchi.— Bizniki boshqacha jang boʻladi. Hamma musulmonlar bab-baravar deb oʻylaysizmi? Musulmonlar oʻrtasida boʻrilar yoʻqmi? Mayli, kofirmi, musulmonmi, biz boʻrilarning jazosini beramiz. Ular kofirda ham bor, musulmonda ham bor... Biznikilarning tishlari boshqalarnikidan qolishmaydi. Toʻgʻrimi, xaloyiq? Bizning urushimiz ozodlik urushi boʻladi, ota. Biz hamma boʻrilarni, hamma qonxoʻrlarni, zolimlarni yanchib tashlaymiz!
— Nafsilamrda, haqiqat gap shu!— dedi birov odamlar orasidan qichqirib.

Yoʻlchining soʻzlariga hayratlanib, chol yoqasini ushladi:
— Astagʻfirullo!

Yoʻlchi Xadra tomonga oqayotgan qoʻzgʻolonchilar oldiga tushib, hayqirib joʻnashga oshiqsa ham, lekin oʻzi yashab turgan mahallaning odamlarini, kechagina oʻzi nutq soʻzlab kurashga chaqirgan kambagʻallarni jalb etish uchun chopa ketdi.

Erkak, ayol, hammasi oʻn chogʻli odamni boshlab, Yoʻlchi mahalladan guzarga chiqdi. Ularning orasida Saodat kampir ham bor edi. Daladan changga botib kelayotgan bir necha xotinlarga qoʻshilishib, Xadra tarafga joʻnadi. Oyoqlar ildam, koʻkraklar baland, boshlar magʻrur... Faqat xotinlargina zolim podshohni qargʻab chinqirishar, yigʻlashar edi.

Olomon borgan sari qalinlashib ketdi. Turli mahallalar, guzarlar, tor koʻchalarda yigitlar, keksalar, yosh va qari xotinlar chiqib, birin-sirin qoʻshila bordi.

Xalq dadil boradi. Ayniqsa, xotinlar-onalar jasur. Ular Nikolaydan tortib ellik boshilarga qadar hammani qargʻashadi. Unda-bunda mirshablar uchraydi. Xalq endi ularni nazar-pisand qilmaydi. Goʻdakka ham, keksaga ham zulm qiluvchi, qamchi oʻynatishga, shapaloqqa mohir mal'unlarning nafasi ichiga tushgan, yolgʻiz koʻzlaridagina zahar yonadi...

Yoʻlchi hech kimdan, hech nimadan tap tortmasdan, har qadamda odamlarni jalb etib, «Balandmachit»ga yetganda, har tomondan — Shayhantohur va boshqa mahallalardan keluvchi xalqning «Olmazor»ga, politsiya mahkamasiga burilishini koʻrib, muyulishda toʻxtadi. U olomon bilan yangi shaharga chiqib, bosh hokim mahkamasi oldida qoʻzgʻolonni avjlantirishni oʻylagan edi. Lekin qoʻzgʻolonchi xalq politsiya mahkamasi tomon yuguraverdi. Xalq koʻzida bu — eng qora, eng mudhish, eng zolim mahkama edi, bu — uning bagʻriga sanchilgan zaharli xanjar edi. Turkistonning har goʻshasida podshoh hokimiyati bunday mahkamalarga suyalar edi. Politsiya mahkamasi oldidan oʻtarkan, har kimni titroq bosar, uning jabrini, dahshatini xalq har kun, har soat, har minut totib turar edi.

Yoʻlchi oʻz ichida: «Yaxshi, oʻtni shu yerdan qoʻyamiz, zulm qaerda uchrasa, shu yerda yondirish kerak», deb oʻyladi-da, soʻzi, harakati bilan odamlarni ruhlantirib, «Olmazor»ga yugurarkan, orqadan kimdir «Yoʻlchiboy!» deb chaqirdi. Yoʻlchi qayrilib, qoʻltigʻiga gazet qistirgan Abdishukurni koʻrdi. Uning yonida ovrupochaga yaqin — «fason» kiyingan, chakka sochi qirqiq, oʻspirin bir boyvachcha. Yoʻlchi ijirgʻanib, ularga yaqinlasharkan, boyvachcha ingichka, silliq hassachasini qoʻlida oʻynab, istehzo bilan kuldi. Abdishukur asa xoʻmraydi.
— Qaerga borasizlar? Odamlarni qaerga boshlayapsan?—tupugini sachratib, gapira ketdi Abdishukur.— Bu narsa ayni nodonlik, ahmoqlik! San nimani tushunasan, boruvchilar nimani tushunadi? Yurt ishiga gʻamxoʻrlik qiladigan odamlar bor... Sanlarga nima?
— Xoʻsh, sizcha nima qilish kerak, oʻqimishli akam!— dedi kinoya bilan Yoʻlchi.
— Xalqni qaytarish kerak,— qaltirab gapirdi Abdishukur.— Man qaytaraman, sanga oʻxshash bir qancha johil sudraydi. Oʻylab qara, podshoh a’zam hazratlari bu muhorabada mushkulot ichida qolgan fursatlarida biz turkistonliklar xiyonat qilamizmi? Urush degan soʻzni eshitish bilan kapalaklaring uchib ketdi-da! Uyat bunda, yigitlarga! Uyat, qoʻrqoqlar!
— Boʻldimi? Siz bilan soʻzbozlikka vaqtim yoʻq,— deb gazablanib qichqirdi Yoʻlchi,— shuni bilingki, xalq oʻz ishini bilib qiladi. Sizga oʻxshash dallollarga hojat yoʻq. Men sizni xoʻp sinaganman. Siz xalq boʻronini toʻsmoqchimisiz? Ovozini boʻgʻmoqchimisiz? Qani, unnab koʻring, bu boʻron sizni shunday pirparak qilib uchiradiki, qoʻngani joy topa olmay qolasiz. Urushga orzumandamisiz, mana bu boyvachcha ukangizni olib joʻnayvering, yoʻl ochiq. Bizniki boshqacha urush boʻladi! Biz sizlar bilan urushamiz!

Abdishukur jahldan shaq-shaq titradi. Yoʻlchi esa tishlarini gʻijirlatib, keskin ravishda burildi. U bir oz yurgach Abdishukur nusxasidagi yana bir odamga yoʻliqdi. U ham bir nechalarni avrab, orqaga qaytishga urinmoqda edi. Paranjisini beliga qadar koʻtarib olgan kavushsiz, eska mahsi ichidan barmoqlari turtib chiqqan bir keksaroq xotin harsillab shunday dedi unga: «Yunusobod degan joydan kelyapman, nega qaytaman! Zulmdan toʻydim, zambarakka solib otib yuborsinlar mani, xudo oʻlim bersin oq podshoying Mekalayga! Qayt emish-a, erkak boʻlsang, yoʻl boshla!»

Yoʻlchi qaytaruvchi kishiga koʻzini yomon olaytirdi, xotinga dalda berdi:
— Barakalla, ona, yuring tezroq, sira tap tortmang!

«Olmazor»da, politsiya mahkamasining hovlisi oldida, xalq qalin toʻplangan edi. Yana tevarakdan odamlar toʻxtovsiz ravishda bu yerga oqmoqda edi. Aksari eski-tuski paranji-chachvonga oʻralgan ayollar... Havoda asabiy, kuchli bir gʻulgʻula yangraydi. Hayajondan ba’zilarning koʻzlari yoshlanadi. Hamma oʻz bilganicha qichqiradi, zulmdan, jabrdan shikoyat qiladi, zorlanadi. Koʻp xotinlar, azada aytib yigʻlagan kabi, yoniq faryod koʻtaradi.

Yoʻlchi yakka kift boʻlib, xalq orasini yorib, oldinga oʻtdi. U boʻynini choʻzib, qaynoq, asabiy, gʻazabli ommani — zulm oʻchogʻini portlatishga tayyor botir xalqni koʻzdan kechiradi Mana ular: dehqonlar, koranda-chorakorlar, qarollar, shahar kosiblari, ishchilar, zulm olovida suyaklariga qadar yongan bechoralar va ularning onalari, otalari! Yoʻlchining quloqlarida tovushlar gʻuvillaydi: «Urush qursin, qashinishga tirnogʻim ham qolmadi, hammasini Mekalay yedi!», «Jabrning toʻqmogʻiga toqat yoʻq!», «Boyvachchalar joʻnasin mardikorlikka, bizga tinchlik kerak!», «Yotib qolguncha otib qol, degan gap bor-ku. Nimaga xaloyiq qarab turibdi, axir!»

Yoʻlchi oʻzidan nariroqda, odamlar orasida, temirchi Qoratoyni, eski doʻsti qirgʻiz Oʻrozni koʻrib qoldi. Qay tomonga qarasa yangi-yangi tanishlar uchraydi. U urinib, siqilib temirchi va Oʻrozga oʻzini yetkizdi. Koʻpdan koʻrmagan Oʻrozning yelkasiga qoʻlini tashlab, quchoqladi, ikkisining koʻzlari chuqur mehr va doʻstlik shu'lasi bilan bir zum yonib ketdi. Qoratoy Yoʻlchini turtib, qoʻli bilan uzoqqa ishora qildi: «Ana Hakimboyvachcha! Joni hiqildogʻiga kelganga oʻxshaydi, koʻrdingmi?» Yoʻlchi labini mahkam tishlab, kinli koʻzlarini bir nuqtaga tikdi. Hakimboyvachcha koʻzoynak taqqan, semiz bir rus amaldori bilan xalqdan chetroqda turardi. Uning rangi oʻchgan, koʻzlari allaqanday notinch; harakatlarida qoʻrquv va asabiyat, gʻazab seziladi. U goh jirkangan nazar bilan xalqqa boqadi, goh rus amaldorlariga bir nimani uqtiradi...

Oʻroz Qoratoyga shivirlab, keyin beparvolik bilan, goʻyo oʻz-oʻziga soʻzlaganday, dedi: «Salim ketgan joyga Hakimni ham joʻnatish kerak!» Yoʻlchi shu onda Oʻrozning qoʻlini mahkam siqdi: «Hammasining burnidan ip solib tortamiz. Lekin hozir oʻz toʻyimizdan qolmaylik, yuringlar!»

Politsiya eshigi berk, yashil moy bilan sirlangan yogʻoch panjaralar oldida tutaqqan xalq qaynaydi. Yigitlar, xotinlar panjaraga tirmashadi. Yoʻlchi oʻz sheriklari bilan birga panjaralarni buzishga kirishib qoldi. Butun xalq, erkak-ayol, birdan yopirilib, panjaralarni qasir-qusur bilan sindirib tashladi. Toʻlqin politsiya hovlisining keng sahniga otildi. Shovqin kuchaydi. Odamlar bir-birlarini itarib, qoqilib, zoʻr suron bilan oldinga yugurdi; hovlining toʻridagi oq uylarga kelib taqaldi. Uylarning eshiklari, derazalari taqa-taq yopiq. Derazalar orqali pogonli koʻppaklarning gʻazabdan, qoʻrquvdan bujmaygan tumshuqlari koʻrinadi.

Qoʻzgʻolonchi xalqning kin, qahri har lahza kuchaydi, xayqirigʻi koʻkni tutdi. Yigitlar mushtlarini koʻtardi, keksalar hassalarini havoga qadadi. Xususan, xotinlarning harakati oʻjarroq; haqni talab qilgan, zulmni, zolimlarni la’natlagan ovozlari dadilroq; ular yuzlarini ochib, koʻksilarini kerib, tovushlari bilan, qoʻllari bilan zulmga qarshi la’nat yuboradilar.

Xalq tovushi tinimsiz guvillaydi: «Bu yoqqa chiq, itlar!», «Qornilaringni yoramiz, choʻchqalar!», «Bitsin, zolim podshoh!»

Bu — ulugʻ xalq isyoni, bu — asrlardan buyon davom etgan jabrga, qullikka, kishan-boʻgʻov tuzumiga, bosh turmachi Nikolay saltanatiga qarshi mustamlaka kambagʻallarining, kapital qullarining qoʻzgoloni, dahshatli zarbasi edi.

Bir rus va bir necha «sart» mirshablar — zulm malaylari ichkaridan yugurib chiqib, soʻkib, quturib, olomonni itarishga, orqaga surishga urinisharkan, Yoʻlchi «Ur!» deb hayqirdi-da, oviga chang solgan arslondek, mirshablar ustiga tashlandi, Birpasda ikki mirshabni gʻisht ustiga agʻdarib tashladi. Xalq ham zoʻr suron bilan boshqa mirshablarga otildi Yuzlarcha erkak-ayol mushtlari ostida badanlari dabdala boʻlgan bu koʻppaklar ichkaridan xalq ustiga yogʻilgan oʻqlarning yordami bilan bazoʻr qochib, mahkama ichiga yashirina bildilar. Xalq mahkama ichlarini, zinani va derazalarni qurshab oldi. Ayollar tosh va gʻisht parchalarini koʻtarib, eshik va derazalarga hujum qila ketdi. Deraza oynalari maydalanib, qum kabi toʻkildi. Ichkariga qamalib, derazalar orqasida toʻpponcha tutib turgan mirshablar, politsiyalar va boshqa toʻralarning harakatlarida benihoya sarosima, qoʻrquv... Eshik ochilib, shop moʻylov, goʻshtdor yuzidan zahar tomchilagan Machalov bilan birga, uning kabi pogonli, yarogʻ-aslahali ikki toʻra zinada qaqqaydi. Ularning ranglari oʻchgan, lablari qiyshaygan, koʻzlarida qoʻrquv ravshan sezilsa ham, lekin «ojiz, yuvosh sartlar» oldida oʻzlarini dadil tutishga, zulm bilan gerdayishga tirishib, qoʻllarining keskin harakati bilan xalqqa tinchlanishni buyurishdi. Ulardan biri oq podshohning «oliy irodasi»ni tushuntirish uchun titroq lablari bilan soʻzlashga urindi. Ammo ezilgan xalq bu yerga soʻz tinglash uchun kelmagan edi. Kinli shovqni yana kuchaydi, odamlar har tomondan toshlar, gʻishtlarni yana yogʻdira boshladi. Achchigʻi olovlangan bir asl u toʻralardan biriga yopishib, zinadan pastga siltab tortdi. Olomon uni yerga agʻdarib, xalq ichiga sudrab ketdi. Bosh yalang, koʻkragi ochiq, koʻzlari ajoyib chaqchaygan bir yigitcha chaqqonlik bilan uning qilichini qinidan sugʻurdi. Naq shu onda, Machalov buyrugʻi bilan, zinadan, deraza orqalaridan xalq boshiga oʻq yogʻila boshladi. Mana birin-ketin xotinlar yerga yiqildilar. Biri jimgina qotib qoldi. Biri toʻlgʻonib, ozgʻin qoʻllari bilan paranji-chachvonini mijgʻalab tortib, gʻisht ustida yumalandi. Sersoqol, oʻrta yashar, juda juldur kiyimli bir kishi oʻng qoʻli bilan chap yelkasini mahkam qisib, ogʻriqdan koʻzlarini yumib, sekingina yerga choʻkkaladi: uning barmoqlari orasidan qon tomchilari anor suviday siljib oqdi... Olomon bir zumgina choʻchib orqaga tislandi.

Yoʻlchi, quloqlari ostida oʻq uzilib turarkan, tomirlarida joʻshqin kuch, yuragida yuksak hislarning, orzularning boʻronini sezdi. Kurash zavqi, nash'asiga toʻlgan koʻzlari bilan xalqqa qaradi. U odamlarning koʻzlarida gʻazab yashinining yana kuchliroq yonganini, otuvchilarga qarshi dahshatli adovat mavjlanganini yaqqol koʻrdi. Qoratoyning, yana bir koʻp yigitlarning qoʻllarida pichoqlar sovuq yiltiraydi; ayollarning tosh tutgan qoʻllari havoga gʻolibona koʻtarilgan. Ular boshlaridan chachvonlarini yulib: «Ot, oʻldir! Bola bermaymiz qonxoʻr podshohga! Yer yutsin u zolimni!» deb qichqirishadi.

Yoʻlchi oldingi qatordagi erkak va ayollar bilan birga hayqirib, yana mahkama sari bosib bordi. Bir nafasgina qotgan xalq toʻlqini yana kuchliroq tazyiq va matonat bilan olgʻa sapchidi. Navkarlardan biri lahzada majaqlanib tashlanildi.

Politsiyalar, mirshablar yana uylarga qamalishdi. Xalq qaynaydi, derazalar orqali ichkariga bosib kirishni koʻzlasa ham, lekin qurol yoʻqligidan ikkilanib qoldi. Yoʻlchi oʻz doʻstlarini chaqirib, ichkariga bosqin yasash, iloji boʻlsa, qurol topish uchun tevarakka koʻz yugurtdi. Qoratoy odamlarni bir nimaga undaydi. Oʻroz tosh yogʻdirish bilan mashgʻul. Ikkisi ham Yoʻlchining tovushini eshitmadi. Yoʻlchi ertalab mahalladan oʻzi boshlab kelgan yigitlarni koʻrib, sabrsizlik bilan ularga yondashishga tirishdi. Lekin olomon oʻrtasida, ixtiyorsiz ravishda, bir minut toʻxtab qoldi. Hisobsiz xotinlar ichida, tiqilinchda koʻzi bir qizga tushdi. U, bundagi boshqa ayollar kabi, dam chachvonini butunlay koʻtarib, dam tushirib turadi, boʻynini choʻzib, toʻrt tomonga javdiraydi. Koʻzlaridan oqqan tomichilar quyoshda injuday yonadi. Bu yerda kurashgan sanoqsiz onalar, buvilar orasida yagona qiz, ehtimol, u edi. Yoʻlchi birinchi boqishdayoq u qizning chehrasida Gulnorning ruhini koʻrdi; yuz bichimi, ayniqsa koʻzlarining ichki ma’nosi va jilvasi Gulnorni yodlatdi. Yigit bir on tikildi-da, koʻzlarini yumdi: yuragini oʻtkir bir nima chuqur tilib ketdi, goʻyo uning butun oʻzligini Gulnor xayoli quchdi. Koʻksida Gulnor qaygʻusi ogʻriq-alam bilan toʻlqinlandi: «Qani Gulnor? Qani u jononi? Oh, u yoʻq, bunday yigit toʻyida, xalqning toʻyida yoʻq. U yer bagʻrida! Bu bir begona qiz, yo yolgʻiz akasini, yo mehribon onasini qidirib kelgan. Qani mening mehribonim?» Yoʻlchi oʻz ichida oʻylarkan, har yoqdan qizgʻin, kesik tovushlar eshitdi: «Ana politsmeystr! Choʻchqa Kolesnikov! Ana askarlar... Boʻsh kelmanglar, yigitlar, uraveringlar, shovvozlar!»

Xalqda harakat, hayajon kuchaydi. Yoʻlchi suqila-suqila oldinga intildi.

Politseymeystr zinada toʻxtadi; uning basharasi yovuz va quturgan edi. Baland boʻyli, paxmoq sochli, dov kazak askarlar xalqni urib, niqtab orqaga surishga tirishdi. Xalq toʻlqini, aksincha, olgʻa bosdi. Kolesnikov, jahlidan ogʻzini qiyshaytirib, soʻzlashga urindi. U, oq podshohning «oliy farmoniga» boʻysunish kerakligini, aks holda, «sartlarga» qarshi oʻq va zambarakni sira ayamasligini, onalarning va goʻdaklarning koʻz yoshlaridan Chirchiqlar yasashga tayyorligini baqirib soʻzladi. Ammo, bunga javoban xalqning ovozi gurilladi: «Ur zolimni! Tort bu yoqqa, yanchamiz uni!» Uni ham oʻz ichiga sudrab, oyoq ostiga olish uchun erkak va ayollar shiddat bilan qoʻllarini choʻzishdi. Politseymeystr sarosimalik bilan toʻpponchasini chiqardi. Uning odamlari ham shiddatli ravishda oʻq yomgʻirini yogʻdira ketdi. Oʻlgan, yarador boʻlganlarga qaramay, qoʻzgʻolonchilar katta suron bilan ilgari otilib, «tosh boʻron»ni kuchaytirdi. Ichkariga bosib kirishga hujum qildi. Bir xotin naq zinaga chiqqan paytda, oʻq uni yerga uchirdi Yoʻlchi hayqirib, hansirab kazak askarlariga sapchidi. Sersoqol, dov askar bilan olishib ikki musht bilan uni garanglatdi-da, chapdastlik bilan qilichini sugʻurib oldi. Bir onda u oʻz kuchining oʻlchovsiz darajada oʻsganini sezdi. Dushman qoʻlidan oʻlja olingan qilichni — quyoshda oq olov singari yongan qurolni havoga baland koʻtardi. Ichkariga qochayotgan politseymeystrning boshini majaqlash uchun shaxdam yugurdi. Faqat deraza orqasidan uzilgan oʻq bilan u tomiri tortishgan, yoki garanglangan odam kabi, bir lahza qotib qoldi, soʻng, qilichni maqkam ushlab, bukchayib, ohisatagina yerga yiqildi. Bir nafasdan soʻng, koʻzlarini sekin ochdi. Tiniq zangori samo, azamat quyosh uning koʻzlariga kirdi. Qarshidagi daraxtga tirmashib, telefon simini qirquvchi qora choponli bir yigitni — doʻsti Oʻrozni koʻrdi... Butun vujudini zirqiratgan dahshatli ogʻriqdan tishlarini mahkam qisdi. Ammo oʻlim bilan kurasharkan soʻngi zarba uchun butun gʻazabini, kuchini, irodasini toʻpladi-da, bir qoʻlini yerga tirab, boshini yerdan uzdi: qaddini rostlar ekan, koʻz oldi qorongʻilashdi, yana sekingina yerga yiqildi...

Koʻkrakdan oqqan qonga belanib yotsa ham, u fikran, ruhan jangda — kurashda edi: isyonchi, qahramon xalqning oʻz odamgarchiligini, oʻz haqiqatini tasdiq ettirish uchun zolimlarga koʻkrak kergan, musht koʻtargan minglarcha oʻz ogʻa-inilarining, otalari, onalarining gulduros ovozi uning quloqlarida guvillaydi.

Kimdir uni quchoqlab, peshanasini silab qichqirdi: — Yoʻlchiboy! Ogʻang oʻlsin! Voy qadrdonim, jigarim.

Yoʻlchi koʻzini bazoʻr ochib Qoratoyni koʻrdi. Uning yosh qaynagan koʻzlariga chuqur doʻstlik sevgisi bilan boqib, «yigʻlamang» degan kabi imo qildi.

Qoratoy bilan Oʻroz yigitni avaylab koʻtarib, ushlanib qolmaslik uchun, joʻrttaga xalq ichiga shoʻngʻishdi. Odamlarni kuch bilan, hayqiriq bilan surib, itarib, koʻchaga chiqishdi. Ildamlik bilan «Balandmachit» tomonga yugurishdi. «Devonbegi» mahallasiga qayrilib, bu yerda bir tashlandiq hovliga kirishdi. Bir tomoni bosib qolgan kulbaga Yoʻlchini ohista yotqizishdi: «Inim, qalaysan, suv beraymi?» Qoratoyning savoliga hech qanday javob ishorasi boʻlmadi, Yoʻlchi oʻlgan edi...

Ikki doʻst Yoʻlchining yuzidan, koʻzlaridan oʻpib, asta quchoqlab, uzoq, lekin tovushsiz, yurakni parchalovchi bir yigʻi bilan yigʻlashdi. Keyin Qoratoy oʻz belbogʻi bilan doʻstining engagini tangʻidi. Oʻroz choponini yechib, yerga yoydi, soʻng jasadni koʻtarib chopon ustiga olishdi. Qonli koʻylakni Qoratoy ehtiyot bilan tilib, yarani ochdi. Yara koʻkrakda, yurakka yaqin, undan quyuq qon hali siljib turar edi...

Ikki doʻst kulbaning eshigini zich berkitib, goh Yoʻlchining fazilatlaridan sekin-sekii soʻzlashib, goh oʻzni tuta olmay, achchiq-achchiq yigʻlab, kun qorayguncha oʻtarishdi.

Xufton vaqtida Oʻroz bir tanish aravakashning aravasiga bir necha bogʻ poxol ortib keltirdi. Qorongʻida Yoʻlchini aravaga yotqizib, ustiga poxol tashlab, qoʻrqinch, tahlika ostida Saodat kampiriikiga joʻnashdi.

Yurtda katta qoʻzgʻolon, otish-tutish boʻlganini eshitgan Unsin, akasidan xavflanib, kechga yaqin temirchining bir oʻgʻli bilan birga Taxtapulga kelgan edi. Boshqa ayollar singari qoʻzgʻolonga ancha dadil qatnashib, soat bir-ikkida uyga qaytgan kampir, qizga koʻrgan voqealarini soʻzlab-soʻzlab bitirolmas edi. Yoʻlchining shu vaqtgacha qaytmaganiga ular tashvishlansalar ham, fojeadan xabarlari yoʻq va bunday baxtsizlikni esga ham olmagan edilar.

Qoratoy yugurib kirib, shaq-shaq titragan holda: «Zinhor, bazinhor ovoz chiqarmaysanlar», deb yana eshikka yugurgach, Unsin ham, kampir ham harakatsiz, tilsiz qotib qolishdi. Faqat Yoʻlchini olib kirib, koʻrpa ustiga yotqizishgach, ular dahshatli haqiqatni anglab, oʻzlarini yigit ustiga tashladilar.

Qoratoy Oʻrozni darrov Shokir otaga yubordi. Oʻzi ayollar oldidan qimirlamay ularning tovushini oʻchirib turdi.

Chiroq shu'lasida, naq tirikligida qanday boʻlsa, shunday sokin, magʻrur, goʻzal yotar edi Yoʻlchi. U goʻyo oʻlmagan: koʻzlarini ochmoqchiday, lablari soʻzlashga tayyorday. Unsin uchun — bechora qiz uchun, bu qanday falokat, bu qanday mudhish, motam! Sochlarini yulib tashlash, yuzlarini qonatib timdalash uning boshiga agʻdarilgan ogʻir qaygʻuni zarracha yengillashtira biladimi? Koʻz yoshi buloqday qaynagan bilan yurakning hasratini qurita biladimi!

Unsin, sevikli va qaygʻuli yagona doʻsti, hayotda yagona umidi boʻlgan akasini quchoqlab, qonli yarasiga yuzini, koʻzini surib yota berdi. Na kampirning, na Qoratoyning yolvorishlari, yupatishlari kor qildi, na oʻlimning sovuq, daf etilmas, mudhish zaruriyati ta’sir qildi. Unsinning oʻz umri Yoʻlchining bir daqiqalik umriga nisbatan «hech» edi.

Oʻroz Shokir otani boshlab kelgach, Qoratoy cholni uyda qoldirib, Oʻroz bilan birga mozorga, goʻrkovga joʻnadi. Agar goʻrkov hozir qazishni istamasa, qabrni oʻzlari qazish uchun ehtiyotdan bir ketmon ham olishdi.

Shokir ota Yoʻlchining boshiga choʻkka tushib, oʻzining ogʻir dardli, chuqur yarali qalbi bilan uzoq yigʻladi. Soʻng, Unsinni chetga tortib, boshini silab, butun otalik samimiyati bilan taskin berishga tirishdi.
— Qizim, jonim qizim,— yigʻi aralash gapirdi chol,— san koʻp oʻrtanma. Man soʻzlay, san aqlli qizsan, hammasini tushunasan. Yoʻlchining oʻlimi ancha-muncha oʻlim emas. Bu juda katta oʻlim. Akang, Yoʻlchi oʻgʻlim, nima uchun, kim uchun qon toʻkdi? Oʻzi uchun emas, xalq uchun, yurt uchun, jamiki alamzadalar, alamdiydalar uchun qon toʻkdi. Bu qon eng qutlugʻ, eng muborak, eng sof qon... Bunga gumonim yoʻq. Qizim, akang mard yigit edi, nomusli yigit edi. Nomus bilan, mardlik bilan oʻldi. U zulm ildiziga bolta urdi. Inshoollo, zulm daraxti quriydi. Yoʻlchining qoni behuda ketmaydi, sira behuda ketmaydi. Bu hikmatli qon, qutlugʻ qon. Unda sir koʻp. Keyin tushunasan, qizim. Man oʻlib ketsam, bir vaqt oʻzing: «Ha, Shokir otam shunday degan edi», deb yodlarsan. Yoʻlchi oʻgʻlimning qoni qutlugʻ, uni yuzga, koʻzga surish kerak...— chuqur xoʻrsinib davom etdi chol, — kuyma, qizim. Mana, man otang, ana kampir onang, qishloqda akang bor, yana Qoratoydek mard ogʻang bor... Hammamiz sanga mehribonmiz. Durust, Yoʻlchiboy er oʻgʻli — er edi, u boshqa olamdan edi. Lekin oʻlimi ham ulugʻ boʻldi. Buni yaxshi tushun, qizim!»

Unsin bir vaqtlar Gulnor bergan uzukni akasiga hali topshirmagan edi. Uni choʻntagidan chiqarib, oʻpa-oʻpa Yoʻlchining jimjilogʻiga taqdi. Uzuk barmoqning yarmiga ilindi. Qiz bardosh qila olmadi, oʻzini yerga otdi.

Qoq yarim kechada Yoʻlchini tobutga solib, hovlida uch kishi — Shokir ota, Qoratoy, Oʻroz — janoza oʻqishdi. Boshqa odam yoʻqligidan va kechasi mahalladan yigitlarni chaqirish ancha xavfli boʻlganidan, Qoratoy bilan Oʻroz oʻz kuchlariga ishonib, tobutni koʻtardilar. Saodat kampirni zoʻr bilan uyda qoldirishdi. Tobut orqasidan Shokir ota va Unsin ketdi...

Ogʻir qorongʻilik, chuqur va ezuvchi jimjitlikda ikki doʻst uchinchi doʻstini qabrga qoʻydi, soʻng zolimlardan albatta qasos olish uchun ond ichib, tuproqni qucha-qucha yigʻlashdi. Keyin chol va Unsin bilan xayrlashib, vaqtincha yashirinish uchun, qayoqqadir joʻnab ketishdi.

Unsin qabr tuprogʻiga goh boshini, goh koʻksini qoʻyib, oʻlchovsiz, nihoyasiz qaygʻu bilan uzoq yigʻladi. Yulduzlar.

III- qism
 
Keyingi