OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oybek. Quyosh qoraymas (roman)
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOybek
Asar nomiQuyosh qoraymas (roman)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Oybek
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Quyosh qoraymas (roman)
Oybek

Birinchi Bob

Tim qorongʻi izgʻirinli kecha. Yomgʻir xuddi jonga igna sanchiganday ezib, muttasil savalardi. Oʻrmon boʻylab choʻzilgan katta yoʻlda, jiqqa hoʻl boʻlgan batalon loy sachratib, mudroq holda ogʻir odim otardi. Oldingi qatorda Asqar polvon bilan Bsktemir; eng oxirgida, hamma vaqtdagidek, safdan uzilmaslikka tirishib, chatanogʻini kerib, Ali tajang sudralardi.

Bektemir, Polvonning ba’zan zarda bilan pishqirib qoʻyishidan yoki ogʻir xoʻrsinishidan, uning shu topda dilgir va kayfsiz ekanini payqadi, lekin churq etishga tobi yoʻq. Bu yolgʻiz horgʻinlikdan emas, ikki kun ichida koʻrganlari uni qandaydir oʻychan, kamgap qilib qoʻygandi.

Kichkina stantsiyada batalon poezddan tushishga ulgurmasdanoq bombardimonga uchradi. Vagonlarning gulduros bilan agʻdarilishi, parchalangan relslarning chillakday uchishi, dod-voy, tutun, tuproq — Bektemirning ilk «tomoshasi» boʻldi. U buzilgan binoning gʻisht devorlari orqasidan sogʻ chiqar ekan, hammani nobud boʻlgan deb oʻyladi. Yoʻq, oʻn choqli odam oʻlgan, oʻndan ortiqrogʻi yarador. Hamqishloqlaridan esa, yolgʻiz Safar choʻtirning bir barmogʻi yengil yarador boʻlgan edi.

Batalon piyoda yoʻlga tushdi.

U yoʻl ustida, uyum-uyum gʻisht va tuproq boʻlgan shaharchalarni, tutunga chulgʻangan xaroba qishloqlarni, pachaqlangan, kuygan yuzlarcha mashinalarni koʻrdi. Kutilmaganda osmondan gʻuvillab balo shoʻngʻiydi. Kunduz batalonga bir necha bor chovut soladi. Odamlar jon hovuchlab oʻzlarini oʻrmonga uradilar. Havodan jahannam yogʻiladi. Oʻrmon dahshatli shovqinga toʻladi. Yiqilgan daraxtlarning qarsillashi, goʻyo ularning yam-yashil, beozor jonlari nafrat va alamdan koʻtargan faryod kabi tuyuladi...

Batalon yarim kechada xaroba bir qishloqqa kelib toʻxtadi. Qishloqda hayot asari yoʻq. Hatto it ham akillamaydi. Yomgʻir yaksanov, zeriktirgich shuvillaydi. Allaqayda, uzoqda, toʻplarning oʻqtin-oʻqtin ogʻir «gupillagan» sadosi eshitiladi. Koʻzlar zim-ziyo qorongʻilikda beixtiyor boshpana qidiradi. Oyoqlar gʻishtlarga, yogʻochlarga, eshiklarga va deraza romlariga qoqiladi. Lablarda maxorka choʻgʻi yiltillaydi, chekka-chekkada ma’nosi anglashilmagan qandaydir gurung...

Bektemir yoʻl chetidagi daraxtning yoʻgʻon tanasiga orqasini suyab choʻqqaydi. Qorni ochgan boʻlsa ham, lekin mahkam bogʻlangan xaltani yechib, uvigan nonni olib yeyishga erindi. Qora, quyuq qoshlari ostidagi yirik, tiyrak, bolalarnikiday sof, sodda koʻzlari bilan uzoqlarga tikildi. U yuzidan, boʻynidan oqib, gʻashini keltirgan suvni, namat hidi kelayotgan eski, hoʻl shinelining yeng uchi bilan artdi-da, boshini horgʻin quyi soldi. Qandaydir uzuq-yuluq fikrlar, koʻnglini gʻash qiladigan sezgilar uni chulgʻab oldi. Ular besh ogʻayni edi. Ogʻa-inilar oʻzlarining ahilligi, bir-biriga mehri-shafqati bilan hammaning diqqatini jalb etar, havasini keltirar edi. Katta akasi — Tohir koʻp yillardan beri shaharda yashab, sovet, partiya idoralarida xizmat etar, ikkinchi akasi — Qodir kolxozda brigadir; ukasi —Kamol esa Toshkentda oliy maktabda oʻqirdi-yu, biroq oʻtgan yil u ham armiyaga olindi, oʻn yetti yashar arzanda Zaynaboy kolxozdagi bolalar bogʻchasida murabbiya edi. Kamol keyingi xatlarining birida artilleriyani yaxshi koʻrgani, hozir Latviyada turganini bildirgan edi. Bektemir shu tobda kuchli sogʻinch tuydi. Oʻzi bilan boʻyi teng, birga yumalab-sumalab oʻsgan Kamolning bolalikdagi oʻyinlari, qiliqlari uning koʻz oldidan jonli, yorqin oʻtdi. «Nima boʻldi ekan, ukam boyaqish? Balki u ham shu yerga yaqin joyda, Moskva yonida jang qilayotgandir, balki... ehtimol, oʻlgandir...» deb oʻyladi, rang-quti oqarib.

Uning qalbida sogʻinch va turli xotiralar toʻlib-toshardi. U oʻzida yaqinlarni koʻrmoqqa, soʻzlashmoqqa allaqanday ichki ehtiyoj sezar, soʻzlashib negadir qoniqmaganini his etar edi. «Oxiratim kuymasin» deb besh oʻgʻlining hammasiga ham birdek gʻamxoʻrlik, birdek mehribonlik bilan qaraydigan ajoyib onasini chuqur minnat dorlik va oʻgʻillik sevgisi bilan uzoq esladi. «Qaytib koʻramanmi, yoʻqmi?» degan fikr boshidan oʻtdi-da, allaqanday mubham va ogʻrituvchi sezgining turtkisi bilan ogʻir xoʻrsinib qoʻydi.