OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oybek. Sozim (she’rlar)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOybek
Asar nomiSozim (she’rlar)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Oybek
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
NashriyotҒафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти, Тошкент, 1980
Hajm75KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/12/24
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Тузувчи: О. Матжонов


Annotatsiya
Ushbu toʻplam oʻzbek sovet adabiyotining ulkan namoyandalaridan biri ustoz Oybekning tabiat, inson, goʻzallik mavzularidagi eng mashhur lirik, falsafiy she’rlaridan tuzildi. Toʻplamni lutfan koʻzdan kechirib, qimmatli maslahat va mulohazalar bildirganliklari uchun nashriyot muhtarama Zarifa opa Saidposirovaga minnatdorchilik izhor etadi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Sozim (she’rlar)
Oybek

Yosh Koʻngil

Yosh koʻngil ba’zan toshar,

Cheksiz togʻlardan oshar.
Na gʻam bilur, na hasrat,
Havas-la toʻlib yashar.
Qanoti bor ipakli,
Koʻzlari koʻp tilakli.
Qoʻrquv bilmas, charchamas,
Arslon kabi yurakli.
Yosh koʻngil yoshda boʻlur,
Dengizdek toʻlqinlidir.
Amalining yoʻlidan
Qaytmaydir, balki oʻlur.
1924

Amalim Uchun

Koʻnglim bir oz oʻynasin,
Tilaklarin soʻylasin,
Amalimning parisi,
Qochma, ruhim yayrasin.
Oltin qanotlaring bor,
Sen menga eng nozli yor,
Qorongʻi kechalarni
Nuring yashindek yoqar.
Eng suyukli amalim,
Hayotdagi chechagim!
Koʻngil sensiz yoshalmas,
Qochma, tutay, malagim!
1924

Qishlogʻimni Eslarkan

Tevaragi koʻm-koʻk oʻtloq,
Tabiati juda quvnoq.
Totli, yumshoq havosi-la
Na goʻzaldi kichik qishloq.
Koʻklarinda qushlar uchar,
Nagʻmalari koʻngil quchar.
Tong otarkan, qizil chechak
Bir qiz kabi kulib chiqar.
Bulutlarga yetgan togʻlar,
Kichik-kichik yashil bogʻlar.
Xayolimda jilvalanur
Qishloqdagi totli chogʻlar.
Oy, yulduzli kumush tunlar,
Qani nozik gʻuncha — gullar?
Unutilmas iz qoldirmish
Qishloqdagi porloq kunlar.
1924

Chirchiq Boʻylarida

Goʻzal Chirchiq, na uchun,
Toʻlqinlaring yoʻq oʻlmish?
Koʻngillarni eritar
Musiqilaring sinmish?
Bir oʻksiz bola kabi
Yuzingda ma’yuslik bor,
Soʻyla, bir xasta qalbi
Senchami, alam tuyar?
Men keldim sohilingga,
Oshiqman kulishingga.
Koʻnglima doston soʻyla,
Nay kabi goʻzal kuyla,
Keng Chirchiq suvi, koʻpir,
Arslondek sen-da hayqir!
Togʻlardan, tepalardan osh,
Toʻlqinining-la har yon tosh!
U choqda men ham qaynab,
Toʻlqiningda oʻynayman.
Toʻfonlaringda quvnab,
Quloch otib yayrayman.
1924, 29 mart

Ovchiga

Otma, qushchani, qanotin qoqsin!
Goʻzal nagʻmalar koʻnglidan oqsin.
Erklikdan boshqa — bormi bir goʻzal?
Qoʻy, ovchi, uni chechaklar taqsin.
Pirillab koʻkka qanot qoqishi,
Malaklar kabi goʻzal boqishi.
Eng nafis she’rdir, ovchi, sen angla!
Borliqda bitsin qonning oqishi!
Koʻm-koʻk yogʻochda oʻgirmish, bir boq!
Kim bilur, uning qalbida bu choq
Qanday tilaklar toʻlib-toshadir,
Otma qushchani, oʻynasin ozroq!
1924, 14 sentabr'

Oʻzbek Qiziga

Nechun sening yuzlaringda
Qaygʻu-alam oʻti toshar?
Yoniq, mahzun kuylaringda
Qalb ezuvchi bir nola bor.
Koʻkda kezgan erk qushparin
Nagʻmasini tinglolmading.
Zulmatlarni otashlar-la
Yoqib, erkni qucholmading.
Bukun ortiq bahor oʻldi,
Har yoq chechak bilan toʻldi.
Boqchalardan sen uzoqda,
Yuzikg yaproq kabi soʻldi.
Ey, Sharq qizi, endi qoʻrqma,
Kishanlardan, zanjirlardan,
Qulliklarni yiqib tashla!
Olqish sepay chechaklardan...
1924

Oltin Qoʻngʻizga

Koʻklam tuygʻulari
Qoʻying, oltin qanotlarin bogʻlamang,
Erka koʻngli chechaklardek yashnasin.
Tutqunlikda uning qalbin dogʻlamang,
Boʻstonlarda bir oz kulib yayrasin!
Ana koʻklam har tomonga she’r sochmish,
Boqchalarda ochilmishdir chechaklar.
Lablaringdan oʻpar qushlar — malaklar,
Oltin yuzin goʻzal quyosh ham ochmish.
Oltin qoʻngʻiz, qanotlaring qayrilmish,
Yana sevgi dardlarini kuylaysan.
Parilardan yoniq diling ayrilmish,
Anglat menga, dardingnimi soʻylaysan?
Oyogʻingga ip taqilmish, kel uzay!
Sen-da bir oz yaproqlarda kul, yayra,
Erkinlikning yoʻllarini kel tuzay,
Ruhim uchun sen nagʻma chal, bir sayra!
Oltin qoʻngʻiz, ipni uzdim, koʻkka uch!
Sevganingning yuzlaridan oʻpib, quch.
1924

Erkin Qush

Malak kabi goʻzal bir qush
Tol shoxiga kelib qoʻndi.
Dedim: «Qushcha, yonimga tush,
Yosh koʻnglimga alam toʻldi.
Bir oz kuyla, she’ring soʻyla,
Mahzun ruhim qanot qoqsin
Sirli, goʻzal nagʻmalaring
Amalimning shamin yoqsin».
«Yondim erkning savdosida,
Qafaslardan juda bezdim,
Boqchalarning hijronida
Yuragi qon tutqun edim.
Qoʻy, chaqirma koʻkka uchay,
Erkinlikka endi chiqay:
Bahor kelib, har yoq kuldi,
Chechaklarni bir oz quchay!»
Deya qushcha har yon boqdi,
Tiniq koʻkda qanot qoqdi.
1924

Qushlar, Qochingiz!

Koʻngil ochildi,
Lolalar kuldi.
Bahor qizidan
Nurlar sochildi.
Har yoq chechak-gul,
Noz qilur sunbul,
Faqat dardlidir
Qafasda bulbul.
Qushlar, qochingiz!
Qirlar oshingiz.
Erkin togʻlarda
Qanot qoqingiz.
Kimsa koʻrmasin,
Qonlar toʻkmasin
Erka ruhingiz
Sira soʻlmasin!
1924

Bogʻbon Qizi

(«Bir esdalik»dan)
Hoy, bogʻbon qizi,
Koʻngil yulduzi,
Nega qoraydi
Toleing yuzi?
Erk-la quvnarding,
Qushdek ucharding.
Kapalak kabi
Chechak qucharding...
Bogʻda bulbullar,
Chamanda gullar
Olqish soʻylardi
Senga sunbullar.
Dard quchoq ochmish,
Koʻz yoshing sochmish.
Kulgan choqlaring
Qaylarga qochmish!
Nechun, bir soʻyla,
Siniq nay, kuyla,
Goʻzal koʻngilda
Qaygʻu-gʻam toʻla?
Qani u choqlar,
Yashil yaproqlar,
Kuylab tolmagan
Gʻuncha dudoqlar?
1924

Buloqlar Yonida

Nagʻmangiz, hoy, muncha yoniq,
Tinglar sizni butun borliq.
Oyning oltin kokillari
Qoʻyningizda ochiq-sochiq.
Shod buloqlar, nagʻma choling!
Choʻponlarning koʻnglin oling.
Sizga emdi bogʻlanmishman,
Qochmang mendan, bir oz qoling!
Bir oz soʻngra quyosh boqar,
Ufqlarga lola taqar.
Bilmam, sizga nalar soʻzlab,
Koʻksingizni oʻt-la yoqar.
Uvalarga nagʻma sochib,
Choʻpon dilin guldek ochib,
Quvishasiz, shod buloqlar,
Uzoqlarga mendan qochib,
Yosh koʻnglimga joʻshib oqdi
Totli, quvnoq kuylaringiz,
Oʻksiz ruhim qanot qoqdi.
Quchsin sizni, qoʻl ochingiz,
Ey tabiat shoirlari!
1925

Yosh Yoʻlchi

Yoʻlim koʻp uzoq,
Amalim porloq:
Orzular toshdi
Koʻksimda bu choq.
Quturma, dengiz,
Hovliqma, dengiz.
Kichik qayiqni
Irgʻitma, dengiz!
Yosh kuchim tolmas,
Tilagim qoʻrqmas.
Togʻdek toʻlqining
Yoʻlimni toʻsmas.
Yosh koʻngil toshar,
Koʻklardan oshar.
Sevgan yulduzin
Axtarib quchar.
1925, sentabr'

Quyosh Botarkan

Ogʻir-ogʻir qanot qoqib,
Uvalardan qushlar uchdi.
Togʻ-toshlarga chechak taqib,
Ufqlarni quyosh quchdi.
Keng qirlarning erkin yeli
Chechaklardan oʻpish oldi.
Buloqlarning erka tili
She’r soʻylab, nagʻma choldi,
Toshdi menda sevgi, amal.
Uzoqlarda yulduz porlar.
Bu oqshomning ruhi goʻzal,
Quchogʻida koʻngil yayrar.
1925

Kutganda

Yoʻlingda kutdim,
Hasratlar yutdim.
Hajring-la koʻpdan
Oʻzni unutdim.
Sen hech kelmading,
Dardim sezmading.
Chamanlar ichra
Birga kezmading.
Avval oʻq otding,
Koʻnglim qonatding.
Soʻngra, yulduzim,
Qaylarga botding?
Malagim, bir boq!
Borligʻimni yoq.
Oh... yoshlik chogʻim,
Bir kuzgi yaproq...
1925

Kapalak

Quvdim bogʻlarda,
Yoshlik chogʻlarda
Sen oʻrtogʻimding
Lolazorlarda.
Pir-pir etarding,
Tashlab ketarding,
Tutqich bermasdan
Koʻnglim ezarding.
Goʻzal kapalak!
Senga ne kerak?
Bildim... qalbingda
Soʻlgʻun bir tilak.
Gullar ochildi,
Hidlar sochildi,
Bahor nash’asi
Har yon yoyildi!
Uch, uch, qanot yoz!
Sen titrak bir soz,
Koʻklam she’ridan
Tinglayin bir oz.
1925, 25 dekabr'

Buloq

Hoy buloq, toshqin buloq!
Koʻpirgan shoshqin buloq!
Toshlar bilan kurashib,
Qayerga?.. Toʻxta, buloq.
Toʻlqinli senda isyon,
Tovshingda kuchli arslon.
Na darding bor na gʻaming,
Toshursan, telba, har yon?
She’ringga toʻyolmadim,
Koʻksingda yashnolmadim.
Sen toshib yoʻlga tushding,
Men gʻarib borolmadim.
Hoy buloq, joʻshqin buloq!
Koʻnglim koʻnglingga inoq.
Toʻxta desam, boqmaysan,
Soʻyla, yoʻlingmi uzoq?!
1925, 29 dekabr'

Qish Koʻrinishlari

Har tomonda qor,
Tortishib chana
Bolalar yana
«Qorboʻron» oʻynar.
Soʻlgʻin bir kulish
Otib qochadi
Ba’zi vaqt quyosh.
Boʻron, sovuq qish
Borliq sochadi.
Bir dardli qarash.
Kech boʻlsa, jimjit...
Koʻlkalar qoplar.
U yoq-bu yoqda
Chiroqlar yonar,
Titrashib milt-milt.
Borliq nash’asiz,
Muzdek sovuq qor
Yuzlarga urar,
Boʻronlar oʻynar,
Yoʻllar kimsasiz.
Kechalar jimjit,
Faqat uzoqdan
Uvlar dard bilan
Bir boyoqish it.
1926, yanvar'

Chechaklar Terganda

Qoʻlimda dasta-dasta
Soʻldingiz, yosh chechaklar.
Qalbingiz endi xasta,
Soʻndimi u tilaklar?
Togʻlarda ochildingiz,
Yoʻllarga sochildingiz,
Shoirning koʻngli kabi
Kuldingiz, yoyildingiz.
Yuzingiz toʻla hasrat,
Boqdingiz malaklarim!
Na qilay, uzdim faqat,
Ezildi yuraklarim...
1926

Oʻtinish

Hoy goʻzal, menga boqma,
Koʻksimni oʻt-la yoqma.
Bir pari kabi kulib,
Qarshimda lola taqma!
Sochlaring tola-tola,
Labimda gizli nola.
Ichimda toʻla hasrat,
Naylay, ey voh... bu hola?
Darding-la yondi boshim,
Koʻzlarda qonli yoshim.
Yoʻq... Kechir... Endi bir kul,
Sen, koʻngil orqadoshim!
1926
* * *
Orqangdan yigʻlab qoldim,
Koʻksimni tigʻlab qoldim,
Qiz, daryodan osharsan,
Bilmam qayda yasharsan.
Orqangdan yigʻlab qoldim.
Sir aralash hayoting...
Gavharlardan marjoning.
Hazin kuylar chalasan,
Soʻyla, qayon borasan?
Sir aralash hayoting...
Tushimda koʻrdim seni,
Birga olib ket meni.
Dengiz, togʻlar oshaylik,
Choʻpon kabi yashaylik.
Birga olib ket meni.
1926

Nikoh Kuni

Uzoqlardan qoʻsh surnayning kuyi sezildi
Qizning qalbi kuz gulidek soʻldi, ezildi,
Ufqlardan boqar edi soʻlgʻun bir lola,
Qiz qalbida titrar edi siniq bir nola.
Yosh qiz, qaydam, oʻz erkini ololmadimi?
Erkin sevgi bogʻchasida oʻynolmadimi?
Bogʻga chiqib, oʻksiz kabi har tomon boqdi,
Goʻdak chogʻlar izi uning koʻksini yoqdi.
«Xayr endi, chechaklarim, qora bir diyor
Kuchoq ochdi, ketdim agar kelsa goʻzal yor,
Mening uchun kulib boqing, koʻnglini oling!»
Degan kabi qiz koʻngliga qaygʻu solardi.
Ne qilsin, oh... totli hislar shunda qolardi.
1926

Turmush Yoʻlida

Yoʻl koʻp uzun... Har tomonim togʻlik, toshlik.
Surunaman oʻtmoq istab bu yoʻllardan.
Yana mudhish, qizgʻin qumli shu choʻllardan,
Tilaklarim, gʻayratlarim menga boshliq.
Ba’zi vaqtda zahar sovuq quchoq ochar,
Ba’zan quyosh, goʻzal koʻklam nurin sochar.
Ba’zan toʻlqin bilan kelar turmush seli,
Ba’zan koʻnglim qitiqlaydir tongning yeli.
Yoʻq, qaytmayman hech orqaga... kuchim tolmas,
Hayot goʻzal, amal buyuk, sel toʻsolmas.
1926, 24 iyun'
* * *
Oʻynab oqqan irmoqlar,
Yashil, nozli yaproqlar
Derlar menga: «Hoy, shoir!
Yoz endi bizga doir!»
Ey kumushdek irmoqlar,
Bahordagi yaproqlar!
Siz she’rimdan koʻp goʻzal,
Kulsangiz, kular amal.
Sozi nosoz bu shoir
Ne yozsin sizga doir?
1926, iyun'

Kechqurun

Quyosh sekin bekindi
Qarshimdagi togʻlarda.
Borliqning koʻzi tindi
Yolgʻiz-dim shu choqlarda.
Qir tuman-la burkandi,
Togʻdan tushdi suruvlar.
Oʻynoq qizdek burilib,
Oqardi pastda suvlar.
Soʻngra koʻkni yoritib,
Chiqdi sariq bir chechak.
Oqshom koʻnglin ovutib
Allalardi sharsharak.
1926, 2 iyul'

Sharsharak

Chiqar togʻlardan
Hovliqib-shoshib...
Istagan tomon
Chopadir toshib.
Kumushdan oppoq,
Sof koʻynagi bor.
Toʻxtamay bir choq,
She’r etib oqar.
Buyuk toshliqlar
Na kurash qilar,
Na uning keskin
Kuchin sindirar.
Sharsharak toshqin,
Yosh koʻngil kabi.
Yoʻlida shoshqin,
Yoʻq hasrat-gʻami.
Uzoq belgisiz
Yoʻlga talpinar.
Qaydadir dengiz?
Chopar, axtarar.
1927, 31 may

Sahroda

Sahro jimgina uxlar,
Koʻkda yulduzlar porlar,
Tevalar sekin-sekin
Ilgari qadam otar.
Tarqalar qoʻngʻiroqdan
Bir tovush, umid toʻla.
Aks etib koʻp uzoqdan,
Derki: «Naridan soʻra!..»
Koʻp yoʻllar ortda qoldi,
Ketish, surilish yana,
Meni kim yoʻlga soldi?
Intilish bor koʻngilda.
Charchamaydi tevalar,
Azal, abad yoʻlida.
Soʻylar allanimalar,
Yulduzlar koʻk choʻlida...
1927, 4 iyun'

Bahorning Kelishi

Botdi quyosh — qiz,
Yondi uzoqda
Atlas etagi.
Koʻkda bir yulduz
Kuldi shu choqda...
Oqshom chechagi!
Yengil shamollar
Tentirab qoldi
Koʻcha-koʻylarda.
Mayin roʻmollar
Kabi sudraldi
Oq bulut koʻkda.
Bahorning nozik,
Ipak nafasi
Yetishdi qonga.
Tarnovdan «tik-tik»
Tomchi pardasi
Uchdi har yonga...
Koʻzimda qotgan
Dard qanotlandi,
Yoʻqlikka uchdi.
Qalbda uxlagan;
Nash’a uygʻondi,
Koʻklamni quchdi.
1929, aprel'
* * *
Yana bahor keldi, yana qalb yonar,
Yana gul pallasi, yana ishq fasli,
Uzoqliklar sari koʻngil tolpinar.
Yana ichda joʻshar hislarning masti...
Ufqlar imlaydi, koʻk ham, bulut ham,
Gunafsha koʻzida yonar jonli his,
Daraxtlarga guldan toj qoʻygan koʻklam,
Ishqim yupatsa-chi... yoʻq, mendan olis!
Ariqlarda lim-lim oqadi shoʻx suv,
Yoʻq, suv emas, oqar jonli, hur qoʻshiq,
Bogʻlarni quchgan bir oltin uyqu
Har yonda goʻzallik, har yon baxt toʻliq.
1929, aprel'

Onlar

I

Quyosh ogʻdi ufqdan,
Bir toʻplam olov sochin
Ilib qoldi oʻrmonlar...
Uzoqliklarda shu on
Sekin yozdi qanotin
Moviy, mayin tumanlar.
Yengil tabassum yogʻar,
Osmon zangori, soʻngsiz
Koinotga boqaman.
Koʻkda yulduzlar yonar,
Abadiyat goʻzal qiz
Kabi yotar... tolaman...
1929, aprel'

II

Men yuraman asta-sekin,
Yoʻllar qumli, ipak kabi...
Uygʻonmish tong va shamollar.
* * *
Uzun yoʻlning oʻng va chap
Qator yuksak yashil archa
Uchlarida quyosh yonar.
* * *
Erkin qushlar va yaproqlar,
Kuylashadi uzoq-yaqin.
Bundan koʻzni ololmayman.
* * *
Shunda bitar gʻam, firoqlar,
Mangu hayot musiqasin
Tinglab-tinglab qonolmayman...
1929, may, Yalta

Oqshom Sezgisi

Togʻlarda ilindi quyosh etagi,
Ogʻochlar uzoqda bir toʻplam koʻlka.
Dengizda porlagan gʻurub chechagi —
Suvlarning qoʻynida qizil mash’ala,
Uchib bir gala qush allaqaylarga,
Yoʻqoldi koʻzimdan nuqtalar kabi.
Sukunat choʻzildi jar va soylarga,
Har yoqda kunduzning uchdi shoʻx dami,
Faqat onda-sonda yuksalar sekin,
Qrim qizlarining tungi qoʻshigʻi.
Yonarkan yulduzlar ham birin-sirin
Oqadi koʻnglingga oltin tuygʻusi.
1929, may. Yalta

Qora Dengiz Boʻylarida

Tinchibgina yotolmaysan yotogʻingda,
Dengiz, bukcha har on joʻshib chayqalasan?
Soʻyla, qachon urinishdan sen tolasan?
Toʻlqinlaring tosh kemirar qirgʻogʻingda...
Sen zangori va ulugʻsan osmon kabi,
Bir asabiy gʻazabing bor, yuzing titroq,
Togʻlar bagʻrin savaydirsan sharoq-sharoq,
Bu isyoning abadiyat alamimi?
Seni sevdim, senga toldim, joʻshqin dengiz!
Senga boqsam unutaman goʻzal yorni.
Qayna, koʻpir, kemiraber qoyalarni,
Jahannamiy chuqurlikda kuching cheksiz...
1929, may. Yalta

Yalta Kechasi

I

Kumush bulutlar quchogʻida oy
shoʻngʻib suzadi.
Burushiq togʻlar, dala, qir va soy
mudrab yotadi.
Ogʻochliklarda yaproqlar kuyi
tunni allalar.
Yulduzlar toʻkar ohista quyi
oltin xandalar...
Urinmay magʻrur yotogʻini tinch
quchgandir dengiz,
Qalbimda oʻynar soʻngsiz bir sevinch,
kezarkan yolgʻiz...
1929, may.

II

Oy koʻkda beparvo tentirar yana,
Kumush tun cheksizlik quchoqlashganlar,
Togʻlarda allakim yoqdi alanga,
Afsona devlarning koʻzidek yonar.
Koʻzimda belgisiz koʻlkaning izi,
Sevgim ham koʻngilda tip-tinch uxlaydi,
Suyukli chechaklar, bogʻchalar qizi
Ruhimga nega nash’a taqmaydi.
Xayol kemasida sira charchamay,
Kezaman jimgina men koikotni...
Sen meni masxara qilma, goʻzal oy!
Shoirlar sevadi shunday hayotni.
1929
* * *
Ufqlar quroq tutdi.
Rang-barang bulutlardan.
Yuksak ogʻochlar uchi
Quyosh sochlari bilan
Sekin oʻynaydi...
Sof uzoqlik,
Soʻngsizlik
Ma’sum bola kabi tinch,
Abadiyat qoʻynida
Yotib mudraydi...
Jimgina tolaman...
Shu damda
Koʻngil falsafasiga
Sajda qilaman.
Koʻksimga sigʻmaydi —
Sevgi, sevinch...
1929

Toshchaqar

Vaqt peshin... yozning olov yaxtagi.
Har narsani qoajiratib yondirar.
Koʻchalarning qizgʻin otash, nafasi
Qizgan simdek badanlarga yopishar.
Ogʻochlar ham qimir etmas, mudraydi,
Issiq-issiq! Faqat bunda bir toshchi
Bolgʻa bilan toshlarni xoʻp savaydi,
Zarbasidan titrab ketar yer osti...
Pisand qilmas issiqlikni «toshchaqar»
Shodlik sochar mehnat kuyi: «chaq, chaq, chuq».
Yuzlaridan, kiyimidan ter oqar,
Uning qora keng manglayi burushiq.
Hech narsaga nazar solmay shu uzun
Yoniq kunda baxt toshini chaqadi.
Erklik uchun, oltin kunlar tuzmak-chun
Zaruriyat kishanini uzadi.
1929

Yoz Kechasi

Oy nurlari mudraydi
Yaproqlarning betida...
Teran sukut shu tunda...
Koʻnglimga tutashgandir.
Soʻngsiz, ulugʻ koinot,
Mangu yosh goʻzal hayot.
Yulduzlarning uzoqda
Oltin kiprigi oʻynar,
Suyadi, zrkalaydi
Ona kabi meni-da...
1930

San'at Ishqi

Koʻp oylar qolsam sendan uzoqda,
Ey, san’at, otashing yoqar koʻksimni;
Uyqusiz tunlarni kechirgan chogʻda
Qonimga kirmishsan, ey bugak sevgi,
Porlaysan abadiy, oltin mash’ala,
Sendadir goʻzallik, haqiqat, hayot,
Har jilva ochadi yangi manzara,
Sen bilan anglanur butun koinot.
Ey, san’at, bogʻchangda mangu qolayin,
Oltin naylaringni tinmay chalayin.
1930, 11 iyul', Moskva

Dengizga

Erkalan, shoʻx dengiz, oʻyna, shoʻx dengiz!
Ufqlardan oshar, sigʻmas qirgʻogʻing.
Yigit koʻnglim kabi qayna tinimsiz,
Yuksaklarda quyosh—oltin bayrogʻing.
Sohilingda bordir yashil, keng bogʻlar,
Gullari uygʻonar choʻchib boʻsangdan.
Abadiy kuyingni tumanli togʻlar
Tinglaylar bir ulugʻ sukunat bilan.
Ey dengiz, erkalan, ajdardek toʻlgʻan!
Kuching zoʻr, oshib oʻt yuksak togʻlardan.
1930, avgust

Dengizda Oqshom

Suvlarda sekin oʻynar,
Oltin qayiqchalardek,
Quyosh alangalari...
Gʻurub yongʻini qoplar,
Samo yuzi anordek,
Bulutlar atlas kabi...
Ufqlar qulochiga
Sigʻmagan buyuk dengiz
Chayqalar sekingina.
Suvlar quyosh sochiga
Oʻralashib tinimsiz
Oʻpar qirgʻoqni asta...
1930, oktabr'. Sochi

Kunduz

Katta oq tuya kabi,
Bulutlar sekin choʻkar
Yashil togʻ, tepalarga...
Anhor kumush lentasi
Ufqlarga choʻzilar...
Na fusunkor manzara!
Nozli sarvlar sekin
Uzoqlarda raqs etar,
Havo tiniq, yengil, sof.
Uzun oltin bandagin
Ogʻochliklarda surgar
Koʻklam qizi oftob...
1930, Sochi

Nish — Dutor — Chol

Qor kapalagi —
Poyonsiz gala...
Koʻkni quchishlar,
Erkin uchishlar
Bilan charchagan
Oppoq qanotlar
Sinadir yerda...
Shamol parragi
Tinmay aylanar,
Qorlarni xirmon
Kabi sovurar...
Hujra eski, tor...
Alanga tili
Kuyuq koʻlkani
Yamlar va yutar...
Cholning burushuq
Yuzini shu’la
Jimgina yalar.
Chol koʻzi yumuq,
Zavqlarga toʻliq,
Chaladir dutor...
Muazzin tovshi
Ilashib yerga,
Boʻlib dabdala,
Kelar uzoqdan,
Cholning yoʻq ishi,
Qor kapalagi
Qaltirab tinglar, yurakda toʻlqin.
Dardini kuylar yosh oqin — shoir:
«Keldim seni soʻroqlab,
Dilda yolgʻiz ardoqlab,
Holim soʻr, marhamat qil,
Bergan soʻzingni oqlab...
Sendan ayrilgan kuni
Boshlandi umr tuni.
Sayramadi doʻmbiram,
Kuylatarding sen uni!
Koʻzlarimga ovul tor,
Koʻklamimni bosdi qor.
Oshamadim, ichmadim,
Darding oziq boʻldi, yor.
Keldi botir yoʻldoshlar,
Qoʻlladi koʻmakdoshlar,
Choʻlda izing qidirdik,
Nalar koʻrmadi boshlar?
Bir tun yetdik karvonga,
Har birimiz arslonga:
Aylanib qildik bosqin
Bong urdik biyobonga!
Taqdir koʻr ekan biroq,
Qutqarolmadim u choq.
Yana bir yil gʻam yutdim,
Yigitlikda sochim oq.
Katta bozor «Qarqara»,
Boylar bor gala-gala,
Qullikka rozi boʻlib,
Keldim bu boʻsagʻaga.
Bu yerda baxtim guli,
Hammadan oʻzi suluv:
Doʻmbiram, yorni llaqta,
Sen azaldan bulbuli!»
Tinglar Baxtigul, har tomirida
Quyosh nuriday kuy oqar edi.
Yiqil, yoriltosh!
Zulmat hovlida
Dev qoʻrgʻonlarga u boqar edi,
Yiqilsa toʻsiq, uchsa yor sari
Va quchogʻiga oʻzini otsa.
Shunchalar chekkan azob badali,
Erk, sevgi zavqin zumgina totsa!
Loaqal, qoʻyib boricha tovshin,
Hozir kuylasa butun dardini,
Butun sogʻinchu, butun yozmishin,
O, yor tinglasa yurak zarbini!
U — choʻri, bunda mol qatorida,
(Hali boyning u nikohida ham!)
Chiqara bilmas tovshini sira.
Yigʻlar tonggacha koʻz yummay bir dam...
Kundan-kun ogʻir erksizlik zulm.
Sevar yuraklar yonar hijronda.
O, nasib boʻlsa qozushmoq bir zum!
Hamroh ularga umid har onda.
Malay bolalar ularning dardin,
Koʻngil sirlarin tashir shivirlab.
Zindonga birdan koʻklamgi epkin,
Kirgandek dillar yashnar baxt tilab,
Ular ishqidan edi xabardor
Bu dargohdagi qarollar bari.
Bari ezilgan, barida dard bor,
Yelkalarida zahmat yagʻiri...
Zulmga qarshi noiloj biroq.
Xonu bek, qozi, masjidu imom
Bari ham boyning soʻzini der haq.
Fatvo, qamchi, pul boy bilan mudom,
Oqshomlar qattiq mehnatdan keyin,
Qoʻshxonada jam boʻlur qarollar —
Oʻzbegu qozoq, qirgʻiz...
Jim, horgʻin
Oʻtirar doʻstlar — yoshlar va chollar.
Sogʻindiq olar qoʻlga doʻmbira.
Sevgi ertagi — gʻamli va goʻzal,
Oqar dillarga yoniq dard bila.
Koʻz yoshlar asta qaynar shu mahal...
Soʻngra zulmni, boyni qargʻashar,
Gulxanni qurshab oʻylashar gʻamgin.
Oshuq-ma’shuqqa baxt tilaydilar.
Qish tuni oqar uzun va hazin...
Har bir qarolda chayqaldi gʻazab,
Boy argʻimogʻi harom qotgan kun
Toʻqqiz qarolni qorda qatorlab
Jazoladi boy (oʻlgan ot uchun,
Toʻlagan toʻqqiz ot bahosin boy!)
Badanlarda xoʻb oʻynadi tayoq, . .
Gʻaddor zolimning oqibati voy!
Qarollar oʻchga otlandi inoq.
Tunda boy uyin qamraydi yongʻin.
Boy, beka yotar hushsiz, zanjirband.,,
Otlar yoradi tun qorongʻisin,
Choʻl sari uchar yigitlar xursand,
Boshda Sogʻindiq bilan Baxtigul —
Ozod shunqorlar uchishar jasur.
Bu el hech mahal boʻlmayajak qul,
Shiori; qayda zolim boʻlsa ur!
1933
* * *
Yigit Majnun emas, qiz emas Laylo,
Ikkisi mehnatning erkin zarbdori.
Ikki sevgilini qoplamas aslo,
Oʻksinish, ayriliq, koʻz yoshi — zori…
Eshik tirqichidan moʻralamaydi,
Devor teshigiga qoqilmaydi koʻz.
Sevgi ma’nosini anglatuzchi soʻz
Koʻngilda yax boʻlib mangu qotmaydi,
Mashina ustida qilindi izhor
Sevgi va sogʻinish va butun koʻngil,
Mehnatda chaqildi tuygʻu uchquni,
Na maktub, na al'bom va na bir bulbul..
Har oqshom tinglashib mahalladagi
Klubda radio... oʻynashar damka.
Soʻng anhor boʻyida kezalar asta,
Dudoqlarni yoqar yoshlik boʻsasi...
1933

Oʻzbekiston

Bir oʻlkaki, tuprogʻida oltin gullaydi,
Bir oʻlkaki, qishlarida shivillar bahor,
Bir oʻlkaki, sal koʻrmasa, quyosh sogʻinar...
Bir oʻlkaki, gʻayratidan asabi chaqnar.
Baxt toshini chaqib, bunda kuch guvillaydi.
Derdilarki: «uning ruhi injih va xasta»,
Biroq, tomchi qoni uning bir kulcha oltin!
Uqa bilan tortib sotgan afsonalarin,
Achchiq, dudli falsafaning kutubxonasin
Sovet sharqi yoqdi... Yondi bu eski latta.
Sovet sharqi toʻlqinini koʻring — bu hayot!
Tebratadi oʻlkani ish — baxtning oʻz qoʻli,
Ochilgandir tarixlarning eng ulugʻ yoʻli.
Xazinasin ochib bergan qiri, togʻ, choʻli,
Butun sharqda yozajak u shafaqdan qanot.
Bolgʻalar-la parchalandi uyqu iloni,
Mehnatkash el bukun belin koʻtardi magʻrur,
Termometr simobiday... Oʻpar ekan nur
Yangi tarix quyoshidan uning manglayi,
Mehnatidan ayqiradi endi baxt, surur.
Dalalarda mashinaning tetik nafasi,
Ufqlarning zumrad koʻksin oʻpar paxtazor.
Chollar — yigit, yigitchalar chaqmoqday yonar,
Erkin mehnat baxtli koʻzda choʻgʻ kabi porlar,
Irodaning qilich yangligʻ oʻtkirdir dami.
Qaytib kelmas va tirilmas moziy qabrdan,
Yoʻqchilikdan kafan oʻrtgan skelet kunlar,
Koʻz yoshi-la jinchirogʻni yondirgan tunlar..
Boʻshliklarga yuksalgan u xayol-tutunlar,
Yelkalarda uchqun yonmas qamchi zarbidan.
Xonaqani tashlab fikr fanlarni mindi,
Elektron tekshiradi kechagi choʻpon.
Institut kursisini oʻpar qiz-juvon.
«Kapital»ning har satridan galalab uchgan
Fikrlarni quvar tunlab yoshlar kiprigi.
Yaratipdi bir shoh asar, goʻzal bir doston,
Gʻadir-budur mehnat qoʻli bitgandir buni,
Kelajakning bahoridan olingan kuyi,
Xayollarga sigʻmaydi hech buning mazmuni,
Qofiyadir fabriklar-la qizlar qoʻshigʻi,
Oʻqi va sev! Buning ismi yosh Oʻzbekiston.
1934
* * *
Bulutlar sochingga koʻz yoshim kabi
Tomchilab oʻtdilar binafshazorda,
Koʻz yoshim aralash yuragim gʻami
Yozilib ketgandi bir chogʻ bahorda.
Bulutlar qaldirab kechdi oʻt chaqib,
Choʻpon uyqusiga tomchilar tomdi.
Sochlaring yomgʻirdan gavharlar taqib,
Kularding, boqishlar menga ilhomdi.
Har bahor surgaydi binafshazorga,
Gullarning koʻzidan, nozik hididan
Yodimga tushadi eski xotira.
Binafsha yarqirar koʻz tomchisidan...
1934

Koʻklam Hislari

Boshimda olmaning xushboʻy oq guli,
Ulugʻ yerni quchib yotibman uygʻoq.
Qulochim yetmasa qalbim yetkusi,
Insonning qalbiga quyosh jinchiroq.
Daraxtlar koʻtarmish gul qadahchalar
Koʻklamning, hayotning sogʻligi uchun...
Yasansa, quzonsa qirlar, bogʻchalar,
Nega mehnat, yerni maqtamay bugun?
Birlashgan mehnat-la texnika va fan,
Hayot oltinini shaxdam qaziydi.
Kolxozning har yogʻi tutash bir gulshan
Bu yerda ish — mehnat bir qoʻshiq kabi.
Ota-bobolarning xotiralarin
Bir sukut singari saqlaydi bu yer.
Faqat maftun etar shoir xayolin
Qoʻynidagi koʻklam, manglay toʻkkan ter.
1934
* * *
Oy nurining mavjlari yoyilar mayin,
Jimjitgina koʻlkalar qochar panaga.
Koʻkda yulduz gullari ochilgan qalin:
Yozning yelpigʻichini tindirmas kecha.
Uyqusi yoʻq barglarning chuchuk lapari,
Qalblarimizga tegar, hislarni yoqar.
Yonar koʻzlarimnzda yoshlik nash’asi,
Yaltirar boshimizda kumush olmalar...
Atlasday tozlanadi ranglar chamanda,
Oltin yomgʻir yuaadi gullar tojini.
Jaranglab tin havoda nozli bir xanda,
Qalbga bogʻlaydi tunning ipak sochini.
1934

Kuzda

Uchar, yerni oʻpar bir gala yaproq,
Oʻqib bitirishdi yoz dostonini.
Ogʻochlar gavdasi oriq va titroq,
Sovuq yer oʻchirdi yashil qonini.
Toʻsatdan kuz bosdi, bulut va yomgʻir.
«Yalang oyoq» yozning koʻm-koʻk yaktagi
Jiqqa hoʻl boʻldi u, oftob sari
Tutib koʻkragiii isinar bazoʻr.
Uchib yer tishlaydi bir gala yaproq…
Sasida quyoshning, baqorning yodi.
Goʻzaldir oltin kuz soʻlgʻin parvozi,
Bogʻchalarda tanho kezaman uzoq...
1934, 20 sentabr'
* * *
Bir yutum may kabi
Seva simirdim
Gilosday labingni,
Doʻndiq, sevgilim!
Bir yutum may kabi
Seva simirdim,
U damda abadiy
Tuyuldi umrim.
Oy nurin yopingan
Chiroyli bahor...
Qani u sogʻingan
Gilos dudoqlar?...
1934, 21 dekabr'
* * *
Yozning olovi oʻchdi, yalligʻi qoldi,
Barmoqlarda sanashdi chol hisobdonlar,
Menga «asad norasad» dedi bogʻbonlar.
Moviy tutunlar ila bogʻlar oʻraldi.
Chugʻurchuqlar-da ketdi, qizlar boʻsh qoldi.
Daraxtlarga osilgan eski chelak gung.
Barglarda seziladi oʻzga bir gurung,
Yoz tandiriga jim kuz oyoq soldi.
1935, 8 sentabr'
* * *
Maysada yotarkan, oʻyladim seni,
Yosh edik, shoʻx zdik u choqlarda biz.
Quyoshdek yashardi ichda sevgimiz,
Shodlikning, kulgining bormidi cheki?
Koʻzlar xayolchandi, boʻsalar dumbul,
Hislarga majhuldi hijronning tuni.
Dillarni toʻldirgan baxt edi nuqul,
Maysada yotgandik bir bahor kuni...
1935

Togʻ Sayri

Axtarib topganimda «Oʻn ikki buloq!»
Qalbimda oʻn ikki she’r birdan joʻsh urdi,
Hammasi shivirlaydi sizdek, shoʻx, inoq...
Koʻksimgz ham oʻn ikki bahor yugurdi…
Porloq va sha’n oʻn ikki koʻzning ishqida,
Koʻzlarim xiyla zamon adashib qoldi.
Sevinch qaynar, jildirar sof kumushida…
Oʻn ikki qiz izidan xayol yoʻl soldi...
Nurlardan halqachalar oqar, jimirlar...
Toshlarda yeinar mayin tabassumlari,
Oltin ipga chizilar jonli injular,
Boʻsadan-da shirindir, ich, yutumlari!
Oʻn ikki piyolaning yaltiroq mavji,
Toʻkingan lablarimda qolar bir umr,
Koʻzlari seni oʻpgan biron yoʻlovchi,
Balki bir chogʻ sevgimni hikoya qilur!
Men Epokrinani ham unutdim hozir,
Afsona tomiridan oqa bersin u.
Oʻq ikki she’r qalbi bunda toshadir,
Ilhom qadahlarining chiroylisi shu.
Har tomchisida butun quyosh bekingan,
Gullar nafis boshlarini egmish ta’zimkor
Barglarini varaqlab shamol tinmasdan
Shivirlar chashmalarga... muhabbat izhor.
Choʻmilgan yaproqlarning sassiz chapagi,
Qoʻynida qubba-qubba yongʻoq yumalar.
Koʻkning firuzasidan sirpanib chopar
Oʻn ikki koʻz qa’ridan quvnoq nash’asi!
1936
* * *
Yor koʻzlarining ishqini, xumorini yod et!
Koʻk gulshani durlar kabi porlaydi bu oqshom,
Har togʻda-yu, qirda yotadi nozli xush orom,
Dunyodagi koʻzlar aro shahlosini yod et!
Koʻksimni ezar hajrida qalbimdagi tuygʻu,
Tepamda quyar kuyini bulbul yana shoʻx, sha’n.
Gullar qadahin kechki Shamol asta toʻkarkan,
Yodimga tushar sen kabi dilbar, goʻzal orzu.
Yolgʻiz kezaman sharqiragan suv yoqasidan,
Yodingni quchib oʻltiraman tosh kabi sokin.
Olam qochadi, sen kirasan, qalbga shu chogʻ tinch,
Shiringina roʻyo kabi oqshom qorasinda...
Yor koʻzlarining ishqini, xummorini yod et!
Ovozini, shoʻx sozini ham nozini yod et!
1936, iyul'
* * *
Yuraman, toshadi sevinchim.
Bu sevinch qayerdan, bilmayman.
Kechaning ogʻushi latif, jim...
Yulduzlar chamani gullagan.
Toshlar ham, qushlar ham uxlaydi
Shamollar uchganda yep-engil,
Oy nuri mavjlanib titraydi,
Barglarga kiradi shirin til.
Koinot sevgisi gul kabi
Qalbimda ochilar, qayol — hur.
Toʻladir sevinchning qadahi,
Yulduzlar tomchilar oltin nur...
1936, iyul', Chimyon
* * *
Abadiyat va umr
Singari oqadi suv.
Oq sochlarini uyqu
Silamas bunda bir qur.
Uning mavjlari ursa,
Choʻng toshlar tilga kirar,
Oʻzidan nayi dilbar,
Erkalanib, koʻpirsa.
Togʻdan shoʻx, shodlik surar
Allaqaygʻa sovgʻasi
Quyoshning oltin tosi
Kunduzi unda suzar...
Oltin uzuklar oqar,
Har kun harir koʻksida.
Jim-jim jimirlash ila
Yangi kunlarga chopar.
Yashil yoqalarida
Kezaman kunduz, oqshom.
Hovuchim qadah va jom,
Ichaman qona-qona.
1936, iyul'
* * *
Tepaga chiqamen, soyga tushamen,
Yo garang toshlarga jim suyanamen,
Yo buloq boshida bir choʻpon kabi
Yastanib bir lahza oʻyga tolamen.
Joʻshadi buloqning kumush yoshlari,
Ham mungli, ham shirin jildirashlari
Buralib, koʻkatlar ichidan chopar,
Uzilgan marvarid yarqirashlari.
Kunduzning shoʻxligi har yerda ulfat,
Har yerda gullarning salomi esar:
Bulutlar tepaga qoʻnar bir muddat.
Shu’lalar, soyalar birga tentirar.
«Dunyoda yashamoq na goʻzal!» — bir sas
Havo oltinida jaranglab uchar;
Uzoq bir oʻtovda patefon tinmas,
Orzular siynaga sigʻmasdan toshar...
1936
* * *
Oltin sepkilli qop-qora kecha,
Qora iliqlik, xushboʻy bir nafas
Sekin esadi. Uxlar qir, tepa,
Ariqda oqar notinch, qora sas.
Gullar tojini silaydi uyqu,
Orzulari joʻsh urar koʻngulning.
Ogʻochliqlardan keldi bir «uxu».
Shamol shivirlar: kelmas, uzulmang!
Tugar hislarin qora baxmalcha.
Yulduzlar jim-jim kiprikdan tomar,
Tun xushboʻy, iliq: nozli bir palla,
Togʻlar boshida yulduzlar chaqnar...
1936

Na’matak

Nafis chayqaladi bir tup na’matak
Yuksakda, shamolning belanchagida,
Quyoshga koʻtarib bir savat oq gul,
Viqor-la oʻshshaygan qoya labida.
Nafis chayqaladi bir tup na’matak
Mayin raqsiga hech qoniqmas koʻngil,
Vahshiy toshlarga ham u berar fusun,
Soʻnmaydi yuzida yorqin tabassum.
Yanoqlarni tutib oltin boʻsa-chun,
Quyoshga tutadi bir savat oq gul!
Poyida yigʻlaydi kumush qor yum-yum...
Nafis chayqaladi bir tup na’matak...
Shamol injularni separ chashmadak
Boshida bir savat oq yulduz — chechak,
Nozik salomlari naqadar ma’sum!
Togʻlar havosining firuzasidan
Mayin tovlanadi butun niholi.
Vahshiy qoyalarning ajib ijodi:
Yuksakda raqs etar bir tup na’matak,
Quyoshga bir savat gul tutib xursand!
1936
* * *
Shamol, bir ertak oʻqi
Oʻzganda togʻ uyetidan.
Ichib bulok boshidan,
Shamol, bir zrtak oʻqi!
Archalar shoxidan tush!
Koʻk ipakda qil jilva,
Sochlarimda gʻivirla,
Kel, qalbimga shivirla,
Archalar shoxidan tush!
Togʻlar roʻyosini ayt,
Yulduz salomini ayt,
Shivirla hayot sasin,
Sevgi duosini ayt.
1936, 9 iyul'
* * *
Boʻsh kunim bogʻma-bogʻ kezaman
Uyushkan rezavor bogʻbonlar...
Devor yoʻq, «poʻsht-poʻsht» yoʻq... Sezaman
Ish bilan ovora juvonlar...
Qoʻltiqda Pasternak yo Pushkin,
Hislarda uchadi dilgirlik...
Oyoqlar yozadi chigilin...
Yel, quyosh beradi xoʻp tinchlik.
Bedaning koʻk rangi mavjlanar,
Olmalar quyilib gullagan...
Ekinzor... Mevazor va tokzor..,
Shohiday tovlanar shu’ladan.
Har bogʻcha bir toʻplam gul kabi,
Havosi chayqalgan atirga.
Shiyponda yosh ona allasi,
Har nafas yangi bir manzara.
Yotaman choʻzilib maysada,
Boshimda eng mayin gul chodir.
Yer kurra siqqanday bagʻrimga,
Fikrlar bir onda toshadir:
Ona-Yer naqadar mehribon?
Hammani qalbida uxlatar...
Bir qoʻlla toʻydirib, yashnatar,
Bir qoʻlla oʻtkazar oʻroqdan...
Minglarcha bobomdan bir sukut
Qolgandir bagʻrida ehtimol.
Qop-qora ufqda bir bulut
Singari eriydi bemahal.
Koʻksidan unadi bahorlar,
Sayr etar gul osib boʻyniga.
Sehrni bilmovchi sehrgar
Yanadan tortadi qoʻyniga.
Oʻylayman, kelarki bir zamon:
Suyishkan ikki yosh dalaga
Chiqishar shahardan, oynadan...
Gullardan esirgan havoga…
Doʻndiq qiz — falsafa doktori,
Yosh yigit sayyora yoʻlida,
Injener — texnika gʻururi:
Yulduzlar tizgini qoʻlida...
Quvishar bir oltin qoʻngʻizni,
Ikkisi quvonib boladay.
Kulishdan, sevinchdan xinaday
Qizillik silaydi oq yuzni.
Oʻtirar qoʻsh magʻiz singari
Faylasuf, injener tepada...
She’rdan, futboldan va fanniy
Bahslardan talashib masala.
Dastlab terilgan koʻp gullar —
Qoqigul, chuchmoʻma, binafsha,
Kim bilan qancha koʻz, koʻngillar
Mazmunin toʻplamish shu dasta?..
Ehtimol men ham bor... meni ham
Hidlashar galma-gal ikki yosh.
Har bahor bilgisiz sagʻonam
Gul boʻlib ochilsa va quyosh
Silasa yomonmi? Oʻylayman:
Yuzimda titrama, tabassum...
Azaldan abadni boʻylayman,
Girdobmish tugʻilish va oʻlim...

Pushkin

Oltin misralarga naqshlangan fikr,
Qalbing quyoshidan quyulgan tuygʻu —
Soʻnmaydi, ey shoir, oʻtsa yue asr,
Haykaling singari chidamli, tunj u.
Toshlarni chang qilib uchirar zamon,
Bir uchqun yoʻqotmas she’ring yolqini.
Bogʻchang bir bahorga hamisha makon,
Sevadi har koʻngil, har xayol uni!
San’atning eng yuksak choʻqqi toshidan
Oqdi fikrlaring keng doiraga:
Oq shu’la mavj urgan togʻlar boshidan
Guvillab otilgan sof bir shalola...
Erkin manbalardan esdi ilhoming,
Hislar, kechinmalar toza va latif,
Shoʻx nozlar, sevinchlar kuylagan sozing
Hayqirar, chaqirar, dam ingrar hafif...
Qaygʻung ham nash’angday, yulduzday porloq,
Qalbing otashiday issiq va yaqin,
Yozgi yomgʻir kabi koʻz yoshing qaynoq:
Yuvib, yashnatadi qalblar gulshanin.
Hayot, tabiatning cheksiz ohakgi,
Sanoqsiz rangi-la she'ryang yarqirar.
Hur, magʻrur boshingda shon guldastasi
Nuriga yulduzlar koʻkdan suqlanar.
Yuksak amallarni etding tarannum,
Qoʻshigʻing hur koʻngil, erkning ovozi!
Hayqirding, titradi qirli toj, zulm,
Itarding kishansiz hur Rusiyani!
U zarrin kiyimli razil va olchoq
Jallodlar qon tomgan qoʻllari ila
Har bir odimingga qoʻydilar tuzoq,
Qalbingga sanchdilar ming zahar igna!
San’at otashidan ular begona
Koʻzlarin qoplagan fahshning dudi.
Saroy — yuz tovlangan bir quzgʻunxona
Xalqning koʻz yoshlari — uning gʻururi!
Quvilding janubning sahrolariga,
Erkin qoʻshiqlaring quyulib-toshdi,
Yangi goʻzalliklar she’ring toriga
Nafis kuylar quydi, kuying togʻ oshdi...
Koʻzingda yonarkan daho quyoshi,
Qalbingda kularkan oltin bir bahor,
Seni ezdi qora davrning toshi,
Sen ketding qoldirib mangu chamanzor…
Nur toʻla qadahing icharkan dillar,
Hislar gʻunchalaydi va ochiladi!
Yorqin ilhoming-la qaynar nasllar,
Asrdan-asrga nur sochiladi.
Oʻqirkan, sevging-la yonadi koʻzlar,
Dillarni toʻldirar bahor nafasi,
Oltin manbalardan nurlangan soʻzlar —
Quyma misralarning jonli nash’asi.
Arktikaning muzi va quyuq tuni,
Qorli sahro, dengiz, boʻz qir, yaylovda
Shaharlar toʻlqini, togʻlar choʻqqisi,
Bogʻchalar diyori, har yerda shu’la —
Sochadi quyoshing, Ey shoir, surur —
Ila seni oʻqir bu erkin Vatan.
Sen qancha tillarda sayraysan magʻrur,
Sozing yuksalajak yana baland, sha’n!..
1936

She’r

Deydilarki she’r — yulduz kirpigi.
Bolchiq yoʻlni yorit, deyolmas hech kim.
Hayot qorasida inju nur ipi.
Deydilarki she’r — faqat qush tili
Ma’nosin tuyadi hassos koʻngillar,
Yoki u koʻr qalbning koʻz yosh tomchisi,
Goshlarga tomadi, yo taqar gullar.
Deydilarki she’r — oʻz mantiqini
Yumshoq uyqu chogʻi oladi tushdan,
Qon va sevinch bergan yerning hidini
Ilhomlar soʻrmadi puch gʻurur bilan...
1936

Prometey

Qalb emas bir dengizdi buyuk sevgi, nur
Mavjlanardi, toshardi — ruhingdek qaynoq,
Manglayingning toshida kuch, fikr, gʻurur
Uyilgandi, davrlar silolmas hech choq.
Insonlikka muhabbat mash’alasini
Qudratli qoʻllaring-la quyoshdan yuksak
Koʻtarding, tangrilarning yoqib kinini,
Erkin boshing bilmadi aslo egilmak!
Ilk boshlading samoga qarshi oʻchakish,
Jahon tunida chaqding ilk daf’a chaqmoq.
Jasorat alangasi edi bu yonish,
Koʻk gʻazabdan silkindi, qaqshadi olchoq.
Gavdangni oʻrab oldi temir ilonlar,
Sen mixlanding togʻlarning qoyalariga...
Boʻlolmadi qalbingga tangri hukmdor.
Ortdi yana gʻazabing quyosh yoviga,
Jigaringni yulardi burgut tumshugʻi,
Iztirobing timsolidir kurash, zafarga.
Irodangga tiz choʻkdi qisman koʻr kuchi,
Abadiyatga kirding oʻt rang sahar-la.
Ey pahlavon, isyonchi — erksevar botir!
Yer bosgan oyogʻingni tangri taxtiga
Mardlik bilan qoʻydingu sindirding axir.
Sirlarni ocha solding inson baxtiga.
Gʻururing qullikning u ogʻir kishanin
Va iskanjasin otib, kerdi qanotin.
Ezguvchi qora kuchning boʻlib dushmani,
Aql va irodaning surganding otin.
Ey buyuk qalb, isyonkor, kuchli nafasing
Davrlar orasidan oʻtdi, yashadi.
Qaqshatdi haqsizlikning minglab tojini,
Tarix tomirlaridan oqqan ruh saning!
Yerdagi tangrilarning qora qanotin
Yondirib nahra ochding nurga, bahorga.
Biz azalgi tunlarning oltin sabohin
Oʻpdik kurashlardan soʻng, miriqib bahorga.
Zamon okeanining vahshiy mavjlari
Oyoqlaring ostida oʻrmalar xira.
Asl, ulugʻ bir viqor ila biz sari
Kelasan, gʻurillangan alangalar-la!
1936

Lenin

Suzik koʻzlar ihotasiga
Tarixlar bir sahifa kabi.
Bir quyoshning mahobaticha —
Dahosining qilday shu’lasi,
U koʻzlarning ta’rifi uchun
Barcha lugʻat, fikrlar yupun!
Erk va mehnat, nur dushmaniga
Chayqalardi gʻazabi tinmay.
Ishi, soʻzi yovlar safida
Portlar edi xuddi bombaday.
Har qadamda u hadsiz sergak,
Lokin tuymas zarra qadar shak.
Oʻrtoqlarga unda tabassum
Quyosh kabi, gul bahor kabi.
Qalbda hislar toshdi beqoʻnim,
Qalbda jahon ishqi va gʻami.
Toʻlqiniga qoyalar ham moʻrt.
Qalb shunday keng, quyosh — bir gugurt!
Koinotdir boshning mazmuni,
Unda yonar, qaynardi har chogʻ
Fikrlarning hadsiz quyuni:
Sirlar toshi zarbidan pachoq!
Bu bosh — yangi tarixning boshi,
Tunni yoqqan uning ziyosi!
Lenin — bu nom jahonning shoni,
Tarixga kuch va yangi nafas
Ham hayotning ulugʻ quyoshi,
Dunyo tinmas, nuri ham tinmas.
Bu nom-ladir millionlab koʻngil,
Bu nom-la bosh koʻtardi har qul.
Lenin nomi dengizlar oshdi,
Oshdi togʻlar, sahrolarni ham,
Hududlarni; ufqni bosdi —
Masofalar chekildi bir dam.
Inqilobiy boʻron, qasirgʻa
Bilan kirdi bu nom asrga.
Zavodlarning temir qoʻrgʻoni,
Och-yalangʻoch ishchi daholar.
Jahannamday ma’danlar koni,
Qishloqlarda million kulbalar —
Barchasiga bu nom muqaddas,—
Umid, imon va erkin nafas.
Turli xalqlar koʻngli, xayoli
Toʻqidi she’r, ertak va qoʻshiq.
Yarqiraydi Lenin siymosi —
Oltin sahar oʻpgan bir ufq.
Qalbdan — she’r, tunj, ipak, marmarga
Kirdi yorqin, rang, shu’lalarga...
Koʻzlardagi nash’alarda — u,
Uning ruhi — Vatan bahori,
Hayot undan oldi ong, tuygʻu,
Tirildi choʻl va qor diyori.
U bir qoʻshiq dunyo turgancha,
Yangrar har soʻz — oʻlmas bir gʻuncha!
Lenin burdi yer jannatiga!
Ozod mehnat gulbogʻi sari.
Million koʻzlar xayollarida.
Yondi dinning qora sarobi,
Agʻdarildi magʻrur samolar,
Yakson boʻldi barcha xudolar.
Lenin fikri inqilob, kurash
Otashida toblangan qat-qat.
Uning kuchi beradi chidash
Olamshumul ishlarga behad,
Lenin boʻldi mazlumlar yori,
Butun bitdi ularning zori.
Koʻr kuchlarning oʻyinlariga
Qancha botir tosh kabi choʻkdi.
Zamonlarning quyunlarida
Lenin ishi eng baland choʻqqi.
Bunda kular quyoshli jahon,
Yiqa olmas hech kuch, hech boʻron.
Ommalarning toʻlqinini u
Yuksaltirib Himolay kabi,
Yuraklarga yoqib oʻt-tuygʻu,
Olib bordi kurashlar sari!
Omma edi oʻng va soʻl qoʻli,
Qoyalarning u edi zoʻri.
Hodisaning teran tomiri
Yaqqol edi Lenin fikriga.
Har masala uchi, oxiri
Birlashardi uning zehnida,
Har chigilni qilardi «alif»,
Unda oʻylar edi bir sinf.
1937

Mashrab

Sochlari patila, koʻzlari xumor,
Koʻzlarda sachraydi qora, kuchli nur.
Saraton quyoshi, qish izgʻirini
Ishlamish yuzlarning ma’no, sirini...
Davlati — qalb she’ri va eski tanbur.
Kulohdan toshardi jingalak sochi,
Magʻrur va koʻrkamdi har qachon boshi.
Tashir ham qish, qam yoz bir qoʻsqi poʻstin,..
(Unda qolmagandir yamoqsiz oʻrin),
Belida kattakon bir nosqovogʻi,,.
Sahrolarni oshar bir shamol kabi,
Kecha ham kunduzday tutmas pardani,
Oyoqlari uchun tikanlar maysa,
Qumlar ogʻirligi unga bir paysa.
Ilhomi va sozi yolgʻiz hamdami.
Bir hovuch suv yutib toza chashmadan,
Yastanar toshlarga, yozilar badan.
Osmonni bir tomchi moviy yosh kabi
Eritar, koʻzlarning jonli otashi,
Taqir toshlarda u koʻrardi chaman.
Oyogʻi bosmasdan shahar qopqasin,
Xabari toʻlqindek tarqardi, lokin
Mahalla, choyxona, takya va guzar
Minutni soat deb yoʻlga koʻz tutar,
Koʻrmagan chizardi shoir siymosin.
Ana, shoir kelar.., Bir toʻda bola
Uning orqasida ajralmas soya.
Koʻzlar aks etadi muhabbat, maroq,
Uni bilish qiyin: goʻyo «jufi toq».
Asrlar koʻrmagan ajib devona.
Oltin tanga tutar qandaydir bir zot,
Piching ila kulib, otar shoir bot,
Tanga allaqayda jaranglar toshda,
Bunday shiralarga qoʻnadi pashsha!
Usiz sehrlidir, rangindir hayot...
Toʻxtab u: «Gulxan sol!» deydi birovga,
Oʻzi koʻp epchildir oʻtin qalovga.
Olovni ham dudni sevadi shoir,
Kaftida choʻgʻlarni oʻynatar mohir,
Quyosh jilvasini koʻrar olovda.
Mana chekadi u toʻliq zavq bilan,
Kattakon chilimning tosh toʻppisidan
Bir qarich oʻt uchar, tutunlar bulut
Qoʻllari yoqada, ba’zi der: «Chulchut!»
Bahs etar ba’zilar shoir siridan.
Chilim tugar, soʻzdan — sozga kelar gal,
U qattiq chertarak oʻtsiydi gʻazal.
Jaranglar havoda baland, xush ovoz,
Hammasi tabiiy, unda yoʻq pardoz,
Ruhlariing qa’rida yoqadi mash’al.
Tuya minib kelgan sahroyi qozoq,
Kosib ham, boʻzchi ham, dehqon ham shu choq
Uni tinglaydilar sukut ichida.
Boshlar raqs etadi kuy ta’sirida,
Soʻzlarning sehridan kim boʻlar uzoq!
Beqaror devona bilmaydi qoʻnim,
Kimxobdan a’lodir unga joʻn toʻqim.
Soʻzi xalqni qattiq kuldiradi goh,
Goho u qalblardan uzdiradi oh,
Darbadar kezadi, har goʻsha ma’lum.
Mantiqi tigʻidan kesilar chigil,
Mudarris, mullalar — qoshida razil,
Magʻrur boshi bilmas aslo egilish,
Undan sodir boʻlgan har qiliq, har ish
Topadi eng chuqur, eng nodir dalil.
Qalbaki e’tiqod, qalbaki axloq —
Asrlar chirigan, sasigan botqoq
Hech qachon boʻgʻmadi uning nafasin...
Oppoq dastorlarga toʻkib tuvagin,
Isbot qila olar: naq undadir haq.
Qochadi har yerda koshonalardan,
Shoh doʻstlar chirkinroq begonalardan.
Is bosgan kulbada topar rang, ziyo,
Xon qiz boʻlolmas ishqiga Laylo,
Qidirar quyoshni mayxonalardan...
Bulutday kezsa xalq ichidan shoir,
Xotirasi quyosh kabi qoladir.
Koʻngli koʻtarguncha har dargoh gulshan,
Bilinmas nash’asi, gʻami nimadan,
Hayoti ming quroq bir afsonadir.
1937
* * *
Mayli, suv ich, qattiq non kemir,
Lekin, yonsin qalbingda olov.
Falsafaning achchigʻin simir,
Farogʻat, tin senga boʻlsin yov.
Toshga ham, rangga ham, soʻzga ham
Hayot nuri bilan ber jilo.
Nash’a emas, hatto senda gʻam
Qalbga solsin hayotdan ziyo.
1937

Hayot Qoʻshigʻi

Quyosh, nuring toʻka ber moʻl-moʻl!
Bahor, ketma bizning boshlardan.
Yurtimizda qolmasin dasht-choʻl,
Chaman kulsin hatto toshlardan!
Yarqiray ber, quyosh — inqilob!
Boshla yangi zafarlarga yoʻl.
Jahonlarga qilamiz xitob:
Abadiy baxt berdi bizga qoʻl!
Sevinch toshgan, sadomiz baland,
Koʻkrak toʻla hayot ishqiga.
Umid, orzu — bahorgi chaman.
Kechmakdamiz nur dengiziga.
Tarixlarning tun ogʻushini —
Yorib quyosh tugʻdi insonga.
Insonlarning qadim tushini
U koʻrsatdi roʻy-rost jahonga!
Mehnat ozod za qalblar ozod,
Baxt, gʻururdan koʻkraklar baland.
Ijod nash’a kundan-kun ziyod,
Yoʻqdir orzu bulogʻiga band!
Hayotning kar, xasis toshiga
Yugurdi bir soʻlim, yosh bahor,
Muz eridi suvning boshida,
Hayot koʻrdi nur toshqin diyor.
Koʻzlardadir yoshlik uchquni,
Xoʻp rostlagan qaddini inson.
Muhtojlikning zolim quyuni
Qilmas endi uni sargardon.
Ijodga boy, toʻlgʻin bir hayot
Bizda ochgan chaman yozini.
Fikr, xayol yoyib keng qanot
Yuksaltirar oʻz parvozini.
Uchuvchi boʻl, vrach, rassom boʻl
Bizda san’at, hikmat—hammasi!
Qanday orzu sari choʻzsang qoʻl,
Muyassardir guli, mevasi!
Erk va inson singari yashash
Bizda boʻlmish qonun mazmuni.
Jahonlarga eltamiz quyosh,
Yashnar baxtning yarqiroq kuni...
Kishilikning minglarcha yildan
Beri toʻqib kelgan armoni —
Tirildi ming goʻzal rang bilan.
Bekor ketmas botirlar qoni.
Jasoratga solinmas soya,
Fikr yorqin va qoʻllar pishiq,
Naslimizga qoʻrquv begona!
Vatan ishqi, burch hissi tiniq.
Kremlni quchib, oʻynoqlar
Volganing shoʻx, toza toʻlqini.
Hayot va baxt uchun qirgʻoqlar
Mehnatimiz ochar har kuni.
Vatanda koʻk firuzasini
Teshgan eng boy, yuksak togʻlar bor,
Miriqib emar kun shu’lasini,
Uzum, anor toʻkkan bogʻlar bor.
Oltin boshoq qir-dalalari,
Qancha oʻrmon, daryo va dengiz.
Yashil gilam keng paxtazori,
Rango-rang, boy, mamlakat cheksiz...
Yashar, qaynar qishloq, shaharlar
Yasharadi mamlakat yuzi,
Har insonning koʻnglida kezar,
Baxt tashuvchi goʻzal yulduzi.
Ishlaganga baxt, gul — quchoqda.
Hayotda rang va ziyo quyuq.
Mamlakatning qizlari bogʻda
Kuylashadi yayrab bir qoʻshiq:
«Yoʻldoshimiz oyu, oftob,
Baxt ochilmish chaman-chaman.
Quchoq-quchoq gul va kitob
Bagʻishladi goʻzal Vatan...
Shodliklarning yosh bahori,
Sovuramiz guldan xirmon,
Shoʻx jaranglar yoshlik tori,
Bermaymiz hech yozga omon!
Ulugʻ Lenin avlodimiz,
U berdi baxt, ish va huquq...
Unga kuylar toʻqir har qiz,
Kuyga toʻlsin soʻngsiz ufq!»
Fikr, istak, gʻayrat nogihon
Oqa ketdi toshib qirgʻoqdan,
Koʻtarildi goʻyoki toʻgʻon,
Toʻlib chopar daryo yiroqdan.
Qutulgan xalq ishlar, yaratar,
Xalq erkining goʻzal, moʻl yozi.
Yer, suv, qonun, davlat unga yor,
Har ulugʻ ish uning parvozi.
Zavod, fabrika yuksalgan magʻrur,
Yangi fikr, yangi baxt, shuhrat
Barq uradi! Na goʻzal surur...
Fikrlarda toshadi gʻayrat!
Bir kaft zoʻrda oltin togʻ, ziynat...
Xalq suyagin gʻajigan ochlik,
Endi changal sololmas ofat,
Goʻrga kirgan ochlik, muhtojlik!
Yurt baxt berdi hatto koʻr, karga,
Har bir qarich yeri, har toshi
Arzir chuqur sevgi, laparga,
Jahonda yoʻq uning odoshi!
Muqaddasdir Vatan havosi,
Unda yangrar shoʻx, erkin qoʻshiq.
Tugatildi qullik balosi.
Turmushimiz boy, toʻkis, toʻliq.
Zavodlarda yigitlar — ilgʻor.
Poʻlat quyib, hayot qoʻradi.
Fabrikada qizlar — ijodkor,
Ozod mehnat zavqin suradi.
Qoʻyniga baxt, erk quchgan kunlar
Kitobida hech yoʻq qaytariq.
Yangi his-la tugʻar saharlar,
Koʻzlarda nur: maqsad, yoʻl aniq.
Chegaralar olov va temir.
Nayzalarning uchida yonar
Tiyrak koʻzlar, yov yuragi zir,
Chegarani arslonlar poylar.
Butun jahon tongi uchun biz
Eltmoqdamiz buyuk quyoshni,
Har yovuz kuch choʻkar albat tiz,
Qarshimizda egajak boshni!
Vatan toʻldi baxtga, zafarga —
Har bir qarich yeri, har toshi —
Arzir chuqur sevgi, laparga,
Jahonda yoʻq uning tengdoshi.
Yarqirayver, quyosh — inqilob!
Boshla yangi bahorlarga yoʻl.
Dunyolarga qilamiz xitob:
Abadiy baxt berdi bizga qoʻl!
1937

Qoraxat

Bexosdan uzilgan shoda dur kabi,
Toʻkildi umidning rangli barglari.
Osildi bir onda qoʻllar madorsiz,
Yer qochdi, qoraydi quyosh zarlari...
1941

Yor

Koʻksimdagi sevinch shuncha zoʻr,
Dumalaymen maysada tanho.
Goh tentirab ketamen uzoq,
Yerni quchib oʻpamen goho...
Qir, tepalar adirlar chaman,
Koʻklam yoygan har yerda gilam.
Oltinlangan xushyoqar havo,
Shoʻx, mast shamol tinmaydi birdam.
Turnalarning qop-qora ipi
Jilpoqlanib koʻkda soʻnar jim.
Ot kishnashi husn dalaga,
Guvillaydi soyda suv lim-lim...
Tanho kezib, miriqib dumalab,
Sogʻinch bilan yerni oʻpaman,
Deyman: koʻp soz mehrli ona,
Quchogʻingga bir kun qaytaman...
Shimoliy Toshkent kanali,
1942, aprel'.
* * *
Yor ketdi, koʻzim bulogʻi qoldi.
Siynamda tirik firogʻi qoldi.
Ishq xotirasi kabi sochimning
Yoshlikda koʻpaygan oqi qoldi...
Har lahza dilu xayol parishon.
Bir xoʻrsinishimda dardlar ummon.
Yulduz kabi tunda yarqirar jon.
Tundek sochi ishtiyoqi qoldi...
1942, 26 iyun'
* * *
Sendadir koʻzlarim, sendadir koʻngil,
Uzoqlarga hasrat bilan boqaman.
Na quyosh, na bahar, na gulshanda gul
Yurakni yupatmas — men sogʻinaman.
Seni sogʻinaman, ruhda yoʻq qaror,
Oshib kel togʻ, dovon!
Bu qadar hijron!..
Dardim bor, gulim bor, qoʻshiqlarim bor..
Sen yoʻqsan! Nahotki bu mangu armon?!
1942, 12 iyul'
* * *
Tun. Shamollar kezar betinim
Goh ishkomda, goh derazada.
Choʻmiladi bir toʻp yulduz jim
Jildiragan bir ariqchadan...
Suqtoy kuchuk izgʻiydi tanho,
Suyak tishlab sakrar paxsadan.
Nurlanadi bir chetda samo:
Oy — oʻrtada singan zar lagan.
Oʻtiradi shoir ayvonda,
Xayollari tushlarda sarson.
Qaygʻuradi oʻtgan har onga,
Oqar daryo — oqadi zamon.
1942

Sozim

Uygʻongach umrning ilk bahori,
Soz boʻldi koʻnglim samimiy yori
Hamshira kabi yaqin va dilbar,
Tong yulduzidek umidga undar.
Soz bilmadi hech mahal arazni,
Nurlatdi yurakni jonli bazmi.
Ul qoʻrqmadi duch kelsa tikanzor,
Ofatli boʻron, qutursa sel, qor...
Gar egsa qaddimni choʻng mashaqqat,
Bir onda uchirdi — misli ul pat.
Qishlarni bahor aylagan ul,
Undirdi bogʻimda xilma-xil gul.
Gullarning tusi bagʻir qonimdan,
Mast nozi sevgining tongidan.
Men u bilan ayladim tarannum,
Har soʻzda quyosh qilur tabassum.
Dillarda chaman ochar bu soʻzlar,
Sof his bilan yashnamasmi koʻzlar?
Nur, haqqa chaqirdi xalqni sozim,
Xalqimnikidir soʻzim — ovozim!
1942
* * *
Olmalar taram-taram,
Bogʻlarning husni toʻlgan,
Chaman rangga boy, koʻrkam:
Koʻngillarga ne boʻlgan?
Koʻzlar jilvasi oʻzga,
Qoʻshiqlarning shoʻxi oz,
Bir «uh» kirar har soʻzpa,
Horgʻin, gʻalati bu yoz.
Ufqlarning beti qon...
Har yurakda bir hijron...
1942, 26 iyun'
* * *
Hayot qa’ri larzada...
Asabiy, tund shamollar.
Betoqatdir xayollar,
Tonggi soʻz — kech safsata...
Bulutlarning alvoni —
Boʻronlarga bayroqdir.
Kurash — kurashmoq haqdir!
Joʻshar hayot girdobi...
Kurash, haqlik bizniki,
Mangu zafar bizniki!
1942, 14 iyul'
* * *
Quyoshning mayin zar moʻynasin
Yopinib kuz iliq uyquda.
Suv tashlab loyqa, shoʻx sur’atin
Ipakday tovlanar koʻzguda.
Kezaman jimgina bogʻchada,
Boshimga toʻkilur yaproqlar.
Yozgi rang mavjlari oʻchsa-da,
Gulzorni koʻzlarim quchoqlar…
1942, 10 oktabr'
* * *
Qorli yoʻllar, uh, uzun
Bu yillarning dardidek…
Uvillaydi oq quyun,
Achchigʻi bilmaydi chek!
Bu yoʻllardan yurdi yov,
Zilziladek oʻtdi u.
Hayot kuyundi — kosov,
Qon sizuvchi yoʻllar bu.
Chekildi yov poytaxtdan
Boshsiz, qoʻlsiz, oyoqsiz...
Qafani qordan, yaxdan...
Qish, nayza xoʻb inoqsiz!
1943, fevral'.

Koʻrkam Tol

Tolga u qarab qoldi,
Yuragiga toʻldi gʻam,
Xira-tiniq oydinda
Koʻzlaryni hech uzmas.
Xotira hushni oldi.
Barglari qugoq, koʻrkam
Tol dardi bor dilida,
Buni aslo unutmas.
Mangu unutmaydi u,
Quyuq tol novdalari
Ostida tong paytida
Xayrlashgan bir damni.
Yov jahaynam qurdi-ku.
Goʻzalim, oʻch olovi
Bormi dil nafratida,
Partizan qiz boʻlgali?
Ayrildilar dalada,
U mindi otga shu on.
Yelgʻiz oyoq yoʻllarda
Qiz ketdi oʻrmon tomon.
Halqumga dard tiqilar!
Koʻpincha tunda birdan
Xotiralar duv bosib,
Manglayin ezar, siqar.
* * *
Sochlarining changiga boqma,
Koʻylagining rangiga boqma,
Qizcha mingan yagʻir eshakning
Quloq yirtar «hangi»ga boqma.
Koʻzlarining sof nuriga boq,
Sevgining mast daryosida oq!
1943, sentabr'

Mayli...

Nima desa desin odamlar!
It huradi— oʻtadi karvon.
Vijdon bilan qimmatdir damlar!
Har vaqt eshdir qalbimga vijdon!
1944
* * *
Yigʻi kelmaydi sira...
Gʻazabdan qaqragan koʻz.
Bu yoʻllarning yaxidek
Labimda qotipti soʻz.
Qoshlar, kipriklar qirov —
Yuraman hushsiz, hayron.
Qornim och, esga kelmas
Xaltamdagi gʻishtdek non...
Kuygan uylarda uvlar
Qish quyuni betinim.
Tanho kezaman. Yigʻlar
Yuragimda Vatanim.
1944, 17 fevral'

Navoiy

Asrlarga eltib xayolni
Ba’zan yorqin koʻraman cholni...
Nuroniy yuz, nuroniy soqol,
Koʻzlarida muhabbat, malol.
Daho porlar peshonasidan,
Goʻyo quyosh bulut ichidan.
Buyuk koʻngil va buyuk fikr
Mavjud kabi, chizgʻilarda sir,
Koʻrkam, magʻrur, oz egik boshi,
Quyuq jiddiy kiprigi, qoshi,
Nigohining ma’nosi nodir:
Shunday boqar faylasuf shoir.
Chehrasida hayot mazmuni,
Tajribalar yasamish uni.
Donishmand chol, ulugʻ ruhga xos
Bir tabassum — tavsifga sigʻmas
Tavoze samimiy, iliq,
Harakati nozik va silliq.
Nafis butun siymosi, sasi.
Nafis ishqi, gʻami nash’asi...
Yarim kecha, oʻtiradi u.
Bir xitoyi kosada lim suv.
Yonar titrab bir oltin shamdon
Tokchalarga kitob qalangan.
Gilamlarning qon gullarini
Yondiradi bu shamning nuri.
Jihozlarda tartib va ma’no,
Ingichka zavq, ohangga imo...
Qari shoir fikri toshadi.
U enkaygan, tinmay yozadi.
«Qirt-qirt» etib savagʻich qalam
Sukunatni buzadi har dam.
Nafis qogʻoz betlarini she’r
Toʻldiradi, toza har satr.
Yuksak edi xayol parvozi,
Yashnar soʻzning chamani — yozi.
Fikri — uchi cheksiz samoga
Kirgan togʻdan enmish shalola.
Ogʻsa hamki umrin quyoshi,
Yoshlik oʻti uning yoʻldoshi.
Soch-soqolni qirov bossa ham
Ijod hali chiroyli koʻklam.
«Xamsa»dagi oftob albat
Buyuk qalbdan bir yolqin faqat:
Mehnat uchun tugʻilgan odam,
Ishga qancha sevgi va chidam.
Bu odamda qancha matonat!
Ish, yaratish — unga farogʻat!
Uxlar edi goʻzal «Unsiya»,
She’r parisi choʻchmasin deya...
Posbonlar, mirshablar sasi
Ba’zan yangrar edi kechasi...
Uzoqlarda qichqirar xoʻroz.
U ishlaydi, qalam qilmas noz...
Quchgan edi shirin bir ilhom,
Yozgan sari ruhida orom...
Shoir kezar «Binafsha bogʻ»ni,
Chamanzorlar ochar dimogʻni.
Xiyobonlar shunday goʻzalki,
Soyada nur jimirlar sekin.
Bir qoʻzgʻalib madorsiz shamol
Yaproqlarni yelpidi xushhol.
Shoir koʻzi har bir goʻshada
Topar yangi goʻzallik, lavha...
Qushlar sayrab barglar ichidan,
Eslatardi «Lisonuttayr»dan.
Har bir guli bu chamanzorning
Jon bagʻishlar tiliga torning…
Ilhomidan oʻzga yoʻq bir yor,
Usiz shoir koʻngli beqaror.
Ilhom unga yangi bir gʻazal
Gʻunchasini ochar shu mahal.
Goʻzal koʻshkka qayrilgan zamon,
Mevazordan chiqadi bogʻbon.
Koʻzlarida sevgi, ehtirom,
Boshin egib, beradi salom,
Bir mis toboq haqiqday olma:
«Taqsir, totib koʻring bir marta.
Ilk uzishim, bu yil meva moʻl».
Shoir kulib, uzatadi qoʻl,
Olar ikki yoqut olmani,
Koʻzni olar rangi, jilosi...
Hidlaydi zavq bilan soʻngra u.
Yasharadi qalbida tuygʻu:
— «Bolalarga ulashing har kun.
Oʻzga quvonch yoʻq ular uchun».
Shoir koʻshkka chiqarkan, uni
Qoʻltiqlaydi ta’zimkor quli.
Koʻshkki, shunday havoyi, yuksak,
Yelpar jonli novda va chechak.
Gilamlarning jonli lolasin
Yengil bosib, ipak jomasin
Yechib, sekin oʻtiradi u,
Bir juft qumri qafasda: hu-hu!
Yashil bogʻlar va ekinzorlar,
Toʻlqinlanib koʻzni quvnatar.
Ana, qarshi tepada choʻpon,
Sodda nayi chalar nogahon...
Pastda dehqon chopadi yerni,
Ogʻir mehnat ezgan u erni:
Yalangoyoq va egni churuk,
Manglayida dard, qaddi bukuk.
Shoir fikrin oʻraydi bulut,
Goʻyo dardin soʻylar butun yurt.
Farovonlik berib olamga,
Dehqon oʻzi botarmish gʻamga.
Qani qonun, qani adolat?
Xalqni talab, zolimda rohat...
Ulusni kim etar baxtiyor?
Mast, beparvo taxtda hukmdor!
Ana Hirot ilinar koʻzga.
Yotar changdan yupqa bir boʻzda.
Masjid, jome va madrasalar,
Hilollari koʻkda yaltirar.
Shoh, shahzoda, bek saroylari,
Zangin koʻshki, ravoqi, arki
Yarqiraydi choʻmib quyoshda.
Bu — ziynatli «oq suyak» Hirot,
May, musiqa qaynagan hayot;
Kiyim zarrin, idishlar zarrin,
Musiqi raqs quvar gʻam gardin.
Aysh-ishrat va kayfi safo
Girdobiga botgan bir dunyo.
Har birida hisobsiz koʻp mol,
Tavsifidan har qanday til lol.
Har qadamni oʻpar qul koʻzi,
Bitar labdan uchgan har soʻzi.
Har birida bir dasta xotin...
Goʻzal qizlar yosh latofatin
Qoʻpol hirslar panjasi ezar...
Koʻzlarda bir siyoh dard kezar.
Qul kanizlar boshida kimlar?—
«Xonim oyim», «sulmon begim»lar.
Ana unda yerga yastanib,
Katta Hirot yotar chang yopib:
Choldevorlar, kulbalar mush-mush,
Hazar qilar qoʻnishga boyqush.
Ulus yashar qishu yoz muhtoj.
Kuchi, qoni xazinaga boj...
Har nav qashshoq, kosib, hunarmand,
Mashaqqat-la ruhlari payvand...
Kampirlarning charxi singari
Ezgich, rangsiz hayot ohangi.
Bu Hirotning sirini bilgan
Shoir qalbi yonar ichidan.
Och va xarob mashhur Xuroson,
Unda qattiq zulm hukmron.
Zulm solmish hayotga kir, zang,
Adl yuvib bersa oltin rang...
She’r va fan bilan «yarqiroq» —
Tojdan buni kutdi u koʻp choq.
Lekin shohning butun xayoli
Ishrat, safo va ulus moli
Bilan toʻlsa yutoq xazina!
Davlat uning koʻlkasigina...
Qora tunni desa yorugʻ kun,
Kim egmaydi «balli!» deb boʻyin.
Doʻst shoirning muloyim sasi
Yoqmadimi shoh gʻazabini?
Surdi uni shohning quvgʻini,
Boshdan kechdi gʻurbat quyuni...
Saroy toʻlgan edi oʻch, kinga,
Chaqmasdan u kirmadi qinga.
Zahar bilan shoir izini —
She’r — san’at nur qandilini —
Soʻndirmoqchi boʻlmadimi shoh?
Bundan ortiq boʻlurmi gunoh?
Yaltiragan, mast, chirkin guruh
U dahoga soldi gʻam-anduh.
Lekin, yana nafrati qaynoq,
Ishonch hali quyoshdan porloq.
Tafakkurni uzdi shu dami
Yosh mulozim chiroyli sasi:
— «Ruxsat tilar ikki musofir».
— «Men mamnunman, kirsin!» der shoir
Ikki yigit — qozonday salla,
Eski toʻnlar olacha — malla.
Yuzlariga mushkul safar iz
Solgan: ular oriq va rangsiz.
Ular qoʻyib qoʻlni koʻksiga
Turishardi chol huzurida.
Shoir koʻzi soʻraydi savol,
Biri bayon etar hol-ahvol.
— «Siz mehribon, panohingizga
Sigʻinamiz, ming qulluq sizga.
Biz faqirlar tolibi ilm,
Samarqanddan chiqdik, biz yetim,
Goh eshakda, goho piyoda...
Gʻayrat berdi sizning ostona».
—«Gʻayratingiz uchun ofarin!»
Madrasa, joy, nafaqa tayin.
Ularga yoʻl boshlar mulozim.
Soʻng yigʻilar nuktadonlar jim.
Fan, san’atning gullari butun
Toʻplangandi suhbati uchun:
Bir koʻp shoir, bir qancha olim,
(Muarrix ham tabib, munajjim)
Necha mashhur musiqiyshunos,
Uch-toʻrt hofiz, kiborlarga xos.
Aflotun ham Arastu fikri,
Necha olim, qahramon zikri,
Falsafadan «ilmi romga»cha,
Mavzu boʻlar mubohasaga.
Goʻzal bir bayt, yoki ruboiy
Qancha choʻzar munoqishani?
Bahsni kesar ora-sirada
Har xil hazil va mutoyiba,
Zoʻr qahqaha uchadi bir zum,
Ustod yuzi toʻla tabassum.
Koʻp mayl etar latifa sari,
(Koshki boʻlsa Mulla Binoiy!)
Soʻng mashshoqlar, hofizlarga gal,
Oʻqiladi fors, turkiy gʻazal.
Majlis zavqi yetadi avjga.
Kuylar chalar shoir — bastakor
Fikri topar sehrli diyor...
Shoir otda borar shoh sari,
Hirot yashar har kungi kabi.
Halvofurush maqtar halvosin,
Kampir eltar olgan gʻoʻzasin.
Bir eshakka choʻp-xasni ortib,
Oʻtinchi ham boradi horib.
Bir oʻgʻriki qilib sazzoyi,
Sudrashadi necha sipohi
Yuraklarni zir-zir qaqshatib,
Argʻimoqda uchar bir noyib:
Bir zoʻravon, oriq amaldor
Tiga kirdi: qaygʻusi bozor...
Necha rangpar mullabachchalar
Bir juvon-la imlashadilar...
Rastalarda zoʻr gʻovur-gʻuvur,
Bazzoz boylar oʻtirar magʻrur.
Togʻ-togʻ shohi ichida bir chol —
Mashhur xasis, yegani uvol...
Shoir kezar asta, ulugʻvor.
She’ri, ishi bilan u dongdor.
Yosh-qarining salomi hadsiz,
Javobsiz u qoldirmas hargiz.
Shoir saroy qulluqchilari —
Bilan hozir kirar ichkari.
«Bogʻi jahonoro» muzayyan,
Nafis koʻshklar, gullar va chaman,
Kirib shohning qoshiga shoir,
Ta’zim, qulluq ado qiladir,
Tez qarigan bu ojiz sulton,
Oʻtirardi bir falajsimon.
Ifrot ayshning chirkin soyasi
Siymosining chin ifodasi...
Atrofida koʻp goʻzal juvon,
Ziynatida yoʻq biron nuqson —
Tartib, odob bilan tik turar,
Bazmda may serob, joʻsh urar.
Bunda beklar, bir koʻp mansabdor,
Shohga yaqin a’yonu, doʻst-yor.
Yarqiraydi kiyimlar oltin.
Asl toshlar bir-birdan yorqin.
Vazir ham bek yuzlari bir zum
Chizdi ajib qiyshiq tabassum.
Shohning shirin soʻzin hiylakor —
Mast koʻzlari etardi inkor.
Shohona bazm, kecha xush, xandon,
(Bazmsiz kun bilganmi Sulton?)
Har kungiday bu majlis chanqoq,
Qadahlari yoqutday porloq.
Soqiylar ham quyar betinim,
Zar kosalar uchadi lim lim.
Tortiladi xilma-xil taom,
Oltin-kumush — idishlar tamom,
Barcha koʻzda sharob jilvasi —
Ba’zilarning tushdi sallasi.
Musiqi ham keldi faryodga,
Mastlar boshi chayqaldi «dod»la.
Gir aylanar mashhur raqqoslar,
Kiyimlari gazhar, olmoslar
Bilan koʻzni qamashtirardi,
Qiliqlari hirsni qoʻzgʻardi.
Hali bazm boshlanishi bu,
Davom etib, avjga chiqar u,
Kecha boʻylab ancha hangoma,
Qancha shovqin boʻlajak yana...
Yetim-esir toʻla Xuroson,
Azjga chiqsan zulmdan figʻon:
Shahzodalar bir-biriga yov,
Bir-biridan ortiq el talov,
Sulton botgan ishratga mudom,
Buzuqilar boshida imom,
Bu majlisga begona shoir
Tuygʻularin qilolmas zohir.
Yigitlikda chidadi nochor,
Endi qalbda oʻzga zavqlar bor,
Bu aldamchi dabdabalardan,
Shovqin-suron, hangomalardan
Qoʻl siltamak uning murodi:
Ketsa oʻzga bir diyor sari
Ilhomiga chuqur botaroq
Ogʻir mehnat bilan yonaroq,
Surmak istar yaratish zavqin,
Eshitilmas u mastona shovqin!
Shoirga shoh «marhamat» qilib,
Chaqiradi, deydi kerilib:
— «Kurash qildi ikki pahlavon,
Desa boʻlgay ofarin jahon.
Qoʻchqorlar ham yaxshi qildi jang,
Gʻulgʻuladan quloqlar garang.
Boʻlmadingiz, sizda yoʻq shafqat»
Sultonga xos ablah shikoyat!
Shoir chiqdi, qalbni yoqar gʻam,
Fikrlarni quchar jahannam.
Tun... Qoraga burkanib shahar
Uxlar edi tingandek kadar.
Oʻtar ekan bir mahalladan
Eshitdi u: kichik kulbadan
Birov goʻzal bir ohang ila
Shoir she’rin oʻqir ohista.
She’rlarining uzoq va yaqin
Oʻlkalarda shuhrat topganin
Bilar edi. Ammo, shu onda
Sevinch toshib ketdi bor qonda.
Kurashlarda orttirgan, beshak,
Butun umr ruh bergan istak
Jarangladi joʻr boʻlib sozga.
Ona tilni yetkizdi yozga,
Moʻl-koʻl toʻkdi san’at mevasin,
Boʻhtonchining kesdi nafasin,
Yarashardi unga iftixor,
She’r ahliga boʻldi bayroqdor.
1947

Haykal Oldida

Kuylagandi besh asr burun
Xalqni, haqni, ishqni bu inson,
Yuragi ham erkin, yorugʻ kun
Dardi bilan tepardi har on.
Ulugʻ Vatan koʻksida shoir
Bugun qaddin koʻtardi baland:
Abadiy tosh libosmdadir,
Koʻlda kitob, koʻzlari oʻychan.
— Assalom, Navoiy!—deydi yosh avlod.
Olqishlaydi xalqi baxtiyor:
Shoir, arzir qilsang iftixor,
Soʻzing yangrar, koʻngillarda yod.
Sen yuksalding ulugʻ zamonda,
Rustaveli, Nizomiy, Pushkin;
Shevchenkolar tirik Vatanda,
Qara, hayot qanday shod, erkin…
Soʻzlaringni sevar rus, qozoq,
Turkman, latish, gruzin, arman,
Bari sovet yerida inoq,
Boshlarida bir bayroq ulkan.
Kel Navoiy, xalq bilan birga
Gimn aytaylik shu Vatanga biz:
«Umring, nuring minglab asrga
Yetsin, Vatan — mangu faxrimiz!»
1949
* * *
Qamrovchi toʻlqin bor, qamrovchi girdob...
Azamat togʻlar ham, kuylagan barg ham —
Uning dami sari aylaydi shitob,
Har nimada mavj bor — mazj tinmas bir dam„
1960

Xalq Qalbida

Lenin fikri inqilob, kurash
Otashida toblangan poʻlat.
Uning fikri olamda quyosh,
Daryo-daryo nur toʻkar behad.
Chayqalgan zoʻr daryo mavji — u,
Ishchi, dehqon har on qoshida.
Kurash, toʻlqin, yongʻin — ishi bu,
Yer kurrasi uning boshida.
Ismi koʻhna jahon ustida
Bulutlarni yirtgan bir yashin.
Haqsizlarning har qarashida
Yodi yoqar umid otashin.
Xalq qalbida yuribdi tirik,
Mehnat — baxtda yaratib birlik.
1960
* * *
Oʻtirasan yolgʻiz, yaproqlar tushar,
Bulutlar kezadi osmonda koʻrkam.
Parishon chehrangda xayollar uchar,
Bilmayman, nelarni oʻylaysan, erkam?!
Muncha ham yarashgan oq shohi koʻylak,
Qoshlaringga qarab toʻymayman — hilol,
Yuzlaring yolqinidan oʻrtanur garak,
Koʻzlaringda koʻrdim aql, his, xayol.
Oliy maktablarda riyoziyotdan
Dars beradi sodda, aqlli bu qiz,
Usuli goʻzaldir, pishiq, olmosdan,
Shogirdlar qalbida yoqadi yulduz.
Qoʻshnimiz yonma-yon, sogʻinib har kez
Chiqaman, oʻtirar qiz tutib qalam,
Kulaman: «Charchashni bilmaysan, yur tez,
Kezaylik, yoshlik ham bahorday koʻrkam.
Juda ham serdiqqat bu riyoziyot,
Ammo she’r boshqa, she’r qalbdan kelur!»
«Bu ham qalb va fikr mevasi, faqat
Mangudir,— deydi qiz,— koinot shudir!»
Muzokara davom etadi uzoq,
Falsafa, tarixdan atomga qadar,
Gapirar qiz dadil, mantiqi buloq,
Dalili, javobi oʻtkir, naq gavhar.
Kech boʻldi, ufqda yondi shu’lalar,
Ikkimiz qoʻzgʻaldik daryoni boʻylab.
Uzoqda otlarni yuvar bolalar,
Qiz asta boradi — nimadir oʻylab.
Sevaman yurakdan, sevaman chindan,
Qiz sevar, bilmadim, gʻururi qoʻymas!
Bilmadim, sezgani boshqadir mendan,
Ishqim, muhabbatim oʻzingsan, xolos!
Oqshom tepalarda, jarlarda yurdik,
Oy sekin orqadan yurar izma-iz.
Dam suhbat, dam sukut huzurin surdik,
Oʻylayman: shu onda borliq — yolgʻiz biz!
Soatga qarar qiz: «Ketamiz, ish koʻp,
Diplomni yoqlayman, borasizmi, a?»
Suyunib men deyman: «Jonim bilan, xoʻp
Yozaman bir she’r, doʻndirib sizga...»
Qiz va men gaplashib, ketamiz asta,
Ichimda toʻqiyman she’r rang-barang.
Eshikka yetganda kulib qiz: «Yana
Chiqingiz, xayr...» der muloyim ohang...
Qovlida yuraman qofiya izlab,
Daraxt ichida asta kezaman.
Yulduzlarga, oyga qarayman «uh!» lab,
She’rlar quyilur, ravon yozaman.
Sevgilim xayoli band etgan koʻngul,
Oqarguncha sahar tinmay yuraman.
Goʻzalim shu onda ne bilan mashgʻul?
Kuyoshni qarshilab, qizga shoshaman.
1960
* * *
Ogʻir yer bagʻirlab suzgan bulutga
Toʻsatdan chaqmoqdan nayza sanchilar,
Men ham chaqmoq kabi tez chopdim uyga.
Koʻchaga kirganda yomgʻir qamchilar.
Tomosha qilaman kichik balkonda,
Yomgʻir koʻp shiddatli, asabiy yogʻar.
Daraxtlar chayqalur, boshlari yerda,
Guvillar dahshatli, mavhum shamollar,
Soʻngra men zerikib she’r yozaman,
Yoki mutolaa yutadi meni,
Fazoga bulutlar osha uchaman,
Xayollar ketma-ket, rangli va yangi.
Yogʻadi moʻl yomgʻir, yerlarda koʻpuk,
Tunukani tozalab yuzadi suv, sel.
Mushugim hurrakda, koʻzlari suzuk,
Chiroqni oʻchirdim — totli uyqu, kel!
Uygʻonib qarasam, quyosh yarqirar,
Hovliga tushaman kiyib toʻnimni.
Zangori osmon ham tiniq, begʻubor,
Musichalar gʻuv-gʻuv der, silkib boʻynini.
Tentirab yuraman dalani kezib,
Tolaman xayolga, choʻpchak orzular.
Yozaman she’rlar xomaki chizib,
Bahorning kelini oltin varaqlar.
1960
* * *
Hijronning alami qalbimni yoqdi,
Yuraman devona, yuraman qushsiz.
Yoshligim misoli yulduzday oqdi,
Goʻzalim, bir lahza kelgil, ikkimiz —
Kezaylik dalada, xayollar joʻshqin...
Daraxtlar ostida ikkimiz yolgʻiz,
Ishkomlar ichida, koʻngilda toʻlqin,
Yursak may, ishqdan mast ikkimiz, ey qiz!
Sevgilim, shiyponda ikkimie tanho,
Quyoshda uchadi mezonlar mayin,
Togʻlarda bulutlar xoʻmraygan goʻyo,
Ikkimiz suhbatda gox. shod, goh hazin,
Goʻzalim, oppogʻim, jononim, bir kel.
Men faqir kutaman, o, bir kelib-ket.
Oʻrgilay, bir zumda kelsang misli yel,
Kutaman yoʻlingda, meni xursand et!
1960
* * *
Qalbdan sevgi toshdi, firoq, gʻam-alam„,
Yuraman, daydiyman, parcha choʻgʻ qalbda.
Muhabbat dardida majnun mendan kam,
Goʻzalim kelmadi, yonaman dardda.
Goʻzalim bir keldi, ketdi nur kabi,
Koʻnglim va koʻzlarim qoldi izida.
Qoʻlida «Fuzuliy» — sevgan kitobi,
Oq shoyi koʻylakda, toʻlqin koʻksida.
Koʻzlari ma’nodor, hislari yoniq,
Kulgisi samimiy, oʻylari chuqur.
Soʻzi, qiliqlari yoqimli, aniq,
Yalindim; hujramda ozgina oʻtir.
«Tashakkur, men ketdim»,— qoldi tzbassum...
Yorimning ketidan shamolday chopdim.
Qaygadir yoʻq boʻldi, yigʻladim yum-yum…
Ey, goʻzal, yoʻlingda, ishqingda yondim...
1960

Kuzda

Ketaman tentirab tanho yoʻllarda,
Daraxtlar goʻyoki mash’aldek yoniq.
Kuz koʻrkam yashnaydi xil-xil ranglarda.
Shaftoli barglari yonar oltinday,
Oʻrikda qirmizi yoqut shu’lalar.
Shu’lalarning raqsi bargda, novdada.
Suvlar oqar sekin, shishaday tiniq,
Osmon choʻkib olgan suvlarga goʻyo.
Hazoga toʻymayman, nafasi iliq...
O, azim chinorlar, naqadar koʻrkam,
Toʻxtayman oʻylanib: «Oltinlanibdi,
Umri asrlardir, ildizi mahkam...»
Qisqardi kunlar ham, uchadi mezon,
Alvido, deb qushlar boshladi safar,
Yaproqlar toʻkilur,.. yigʻlaydi xazon...
Olmalar yonogʻi qip-qizil yoqut,
Arava, mashina tashir shaharga,
Sovetlar elida — moʻl, baraka, qut!
Toklarda rang-barang totli uzumlar,
Tillarni yoradi bol kabi shirin:
Xushboʻy may ichganday goʻyo tuyular.
Yuraman xayolda, oʻtar kunduzi,
Daraxtlar turadi yoniq mash’alday.
Kechqurun yoʻlimda oqshom yulduzi...
1960
* * *
Oʻtirur supada, qoʻlida kitob,
Xayoli keng daryo, yorim oftob...
«Olamning siri,— der,— ilm, ma’rifat».
«Tanbur, may — koinot!» qildim men xitob.
1965, avgust
* * *
Bahor keldi — kumush rang kimxob,
Daraxtlar oppoq gulda — mash’al.
Bol terilur gul qadahlardan
Gul fasli — bahor fasli,.. oftob...
Gul fasli, nur fasli chaqnaydi,
Yangrar qoʻshiq havoda, koʻkda.
Qirlar gulgun, lolalarga gʻarq,
Lolalardpn gilam koʻk oʻtda.
Parcha bulut toʻkilib ketdi
Duv quyildi marvarid yomgʻir.
«Boʻri tugʻdi», chaqnaydi kulgu,
Yalang oyoq bolalarga huzur.
Bogʻ-qirlardan chopar shiyponga,
«Boʻri tugʻdi» — kulib kattalar.
Zum oʻtmasdan tinadi yomgʻir,
Achinadi chopqir bolalar.
Ariqlarda, soylarda toshqin,
Daraxtlar-da gullardan toshqin,
Bahor keldi, gul fasli keldi,
Koʻngillarda sevinchlar toshqin.
1965, aprel'
* * *
Goʻzal xulq gavhardir, aslo boʻlmas xor,
Hayot ildizida undan bir nur bor.
Haqiqat va axloq yaqin tugʻishgan,
Oʻgʻlim, oʻyla, umr oʻtmasin bekor.
1965, may
* * *
Tabiat tilsimin tubi yoʻq, behad,
Oʻgʻlim, ilm oʻrgan, yemrilur har sad.
O, umr kaltadir, naq qush uyqusi,
Haqiqat dasturin top, qolsin zar xat,
1965, may
* * *
Yorimning qora koʻzi — oftobi bordir,
Ishq dardi boshimga bitgan balodir,
Shoirlar mahbub, may desa kulardim,
Menim ham dil endi band mubtalodir.
1965, may
* * *
O, koʻngil, cheksizdir, tubi yoʻq jahon,
Sirlar va tilsimlar konidir osmon,
Nimadir olamning sir falsafasi?
Ey koʻngil, sen hal et! Mushkilim hamon!
1965, avgust
* * *
Sirli yoʻllar bosib, kezaman osmon,
Oʻylayman, oʻylayman, sira bilmayman,
Osmonga sepilgan olgindan somon.
Hakiqat nimadir, oʻylayman hamon…
1965, avgust
* * *
Kechqurun yor keldi, bogʻ yashnar goʻzal,
Supada yozdi u latif bir gʻazal.
Men dedim shoira, tasviri naq may!
Boshlandi ulfatlik, qalqdi oy — mash’al!,,
1965, avgust
* * *
Oqshom keldi ilhom, qoʻlda gul jonon,
Koʻzlarda nur, sochda gavhar, hayajon...
Men yolgʻizdim tunda, sokin hujrada,
Kuyuldi she’r, may — keldi bir jahon…
1965, avgust
* * *
Yoshlik bir gʻunchadir, yoʻldoshi sevgi,
Yurakda yolqini saqlansa mangu,
Vafo derlar buni, azizroq ne bor?
Karilik ham oydin, ishqimiz mangu…
1965, avgust
* * *
Hasratlar koʻngildan ketgan zamonda
Tabiat mudraydi, allalar bahor.
Koʻklardan jimgina oltin nur yogʻar,
Har narsa ulfatdir menga shu onda...
1965
* * *
Tarix va falsafa chuqur, murakkab,
Hayot mash’alidur haqiqat, chin gap,
Ijodning bulogʻi tinimsiz oqsin:
Ming sir bor tuproqda — olsangiz bir kaft.
1965, avgust