OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oybek. Ulugʻ yoʻl (roman I-qism)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOybek
Asar nomiUlugʻ yoʻl (roman, 1-qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Oybek
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Ўқитувчи» нашриёти, Тошкент —1978
Hajm223KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/12/7
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ulugʻ yoʻl (roman, 1-qism)
Oybek

Birinchi Bob

I

Kun sovuq. Quyosh dam ochilib, koʻngillarni yoritib yuboradi, dam yopiladi-da, tumshayib oladi. Daraxtlardan toʻkilib ulgurmagan yaproqlar ora-sira shirt-shirt uziladi, salqin havoda bir-ikki aylanib tun izgʻirinida qatqaloqlangan, endi esa sumalaklana boshlagan koʻcha loyiga gʻaribona yaslanadi.

Kun sovuq, lekin bozor qaynaydi. Bu yerga tutashgan koʻchalarning hammasidan odam daryoday oqadi. Ba’zi birovlar sovuqdan qotgan qoʻllarining kaftlarini ogʻizlariga tutadilar-da, «kuh-kuh» deb isitib oladilar.

Jomening orqasida, uning baland gʻisht devoriga tiqilib Otash-dukchi oʻtiribdi. U lukni gʻuv-gʻuv aylantiradi, soʻng bir qoʻli bilan koʻzoynagini koʻtarib turib, dukni koʻzlariga yaqin tutani, sinchiklab qaraydi, tagʻin uni silliqlay boshlaydi. Duk kutib oʻtirgan seryamoq juldur paranjili yosh-qari xotinlarga u bir-ikki ogʻiz gapirib ham qoʻyadi.

Otash-dukchi oltmishlarga yaqin, burushiq yuzida koʻzlari teran joylashgan, yelkasi chiqiq, koʻrkam oppoq soqolli qovjiroq bir chol. Lekin uning koʻrkam oppoq soqoli bor, sallasining yirtigʻi, toʻnining yamogʻi aslo esiga kelmaydi, bunga oʻrganib ketgan. Soqolini barmoqlari tez-tez tarab, zeb berib turish cholga odat boʻlib qolgandi.

Borgan sari bozorning gʻovur-gʻuvuri avjga chiqadi. Bu kun chorshanba boʻlganidan bozor ayniqsa qizigan. Har kim oʻz holiga yarasha, biri qopda, biri qopchiqda bugʻdoymi, arpami keltirib sotar edi. Birovlar savdo-sotiq yoki xarj bilan ovora boʻlsa, birovlar choʻntaklarida siyqa chaqasi yoʻq, bozor rastalarida garang surgaladi.

Jomening bir yonboshida kabobning xush boʻyi gurkiraydi.
— Keling, keling!.. Pishdi kabob!.. Gʻarchcha moy!. Maza qilasiz, kelib qoling!..— maqtaydi kabobchilar.
— Hay-hay kabob, jonim kabob...— dedi boshini liqillatib dukchi yonidagi paranjili kampirga bir koʻzini qisib.
— Be... Nimasini gapirasiz,— qixillab kuldi kampir.
— Dimogʻingga isi tegsa bas!—dedi kinoya bilan tagʻin bir xotin.
— Tezroq boʻla qoling, ota! Duk oʻzi necha pul?— soʻradi sabrsizlanib shu yerda oʻtirgan bir yosh juvon.
— Arzonroq boʻlsin,— dedi kampir va roʻmoli uchiga tugilgan tangani sekin ushlab qoʻydi.

Chol dukning uchini ingichkalar ekan, kulimsiradi:
— Arzon, arzon, bir tanga, xolos! Koʻrib turibsiz, bir dukni qoʻlday chiqargunimcha ona sutim ogʻzimga kelyapti. Sahardan oqshomgacha charxning gʻuv-gʻuvi kallani shishiradi, keyin qorin piyoz poʻstiday shilinib, bazoʻr uyga yetsam, kampirim taq etib oldimga bir kosa arpa umochmi, oqshoq xoʻrdami qoʻyadi. Ha, shunday, singillarim.
— Hammamizning kunimiz shu ekan, yer yutsin dunyosini!— dedi shoshib turgan juvon.
— Tavba degin, qizim, parvardigorim oʻzi yorlaqasin, oyning oʻn beshi qorongʻi boʻlsa, oʻn beshi yorugʻ, bandasining umri shundoq...— dedi kampir nasihatomuz ohangda.
— Otamning soqoli oqaribdi-yu, qachon yorugʻlikka chiqar ekan?!—soʻradi zaharxanda bilan haligi juvon.
— Oʻzi koʻrmasa bolalari koʻrar yorugʻlikni...— dedi kampir osoyishta tovush bilan.

Cholning yuzida istehzoli yengil tabassum titrar edi, u indamay qoʻlidagi katta dukni kampirga uzatdi:
— Mana, ona, duklarning buzrugi — durvoza! Xotinlar navbat bilan bir tangadan pul uzatib duklarni olar, roʻmolchagami, eski lattagami oʻrab, uylariga shoshib joʻnar edilar.

Xotinlarni joʻnatib, Otash chol shoshmasdan yana oʻz ishi bilan mashgʻul boʻldi. Ba’zan esiga kelgan eski baytlardan asta kuylab qoʻyar edi. Dukchi yonida yamoqchi kosiblar, biror kimsa yirtiq mahsimi, churuk choriqmi koʻtarib kelarmikin, degan umid bilan sargʻayib oʻtirardilar,
— Eshitaylik jinday, balandroq oʻqing, otaxon!— dedi bir kosib yigit.
— Ovoz chiqmaydi, inim, ermak-da,— dedi chol.
— Ota qadim baytlarga misoli kon, hech kim bilmaganni biladi,— dedi chetroqda oʻtirgan kal kosib.

Otash-dukchi boʻgʻiq ovozini sal koʻtarib, bir bayt boshladi, «oʻhu-oʻhu» deb yoʻtaldi.
— E-e... Chiroqlarim, bir vaqtlar qanday tiniq edi bu ovoz... Endi qarabsizki, xuddi eski aravaning gupchagi...

Shu payt cholning oldida baland boʻyli, olifta moʻylovli bir yigit toʻxtadi:
— Assalomu alaykum, amaki!

Ustida uzun trinka kamzul, boshiga yangi chamandagul doʻppi qoʻndirgan, doʻrdoq lablari ustiga ingichka moʻylov qoʻygan, quyuq payvasta qoshli bu yigit Otash-dukchiga, shoʻrvasining shoʻrvasi deganday, chatishib ketgan, uzoq bir qarindosh edi.
— Koʻrinmaysan, Eshonxon, hanuz boyning eshigidamisan?— soʻradi dukchi qoʻl berib koʻrishgach va pastak oʻrindiqni yaqinroq surdi.— Qani oʻtir.
— Iya, eshigida deganingiz nimasi, qariya, boyning toʻridaman, toʻrida!— Eshonxon qoʻnjidan bir latta chiqarib, qunt bilan etiklarining changini arta boshladi.— Ishim olchi, amaki, obroʻ katta, boyning jilovi qoʻlimda, chizgan chizigʻimdan chiqmaydi.

Dukchi bir zum sukutdan keyin dedi: — Shundoq boʻlsa, omading kelibdi, uka! Boyaqish otang nuqul mehnat bilan oʻtib ketdi bu dunyoyi gʻamxonadan.— Bir on sukutdan soʻng dukchi tagʻin Eshonxonga qarab soʻradi:—Oʻris tiliniyam oʻrgangan boʻlsang kerak, jiyan?
— Ha, amaki, qiyib tashlaymiz ruschani ham,— javob berdi gʻurur bilan Eshonxon.

Chol nosqovogʻidan kaftiga jinday nos toʻkib, tagʻin gapga kirishdi:
— Otang boyaqish mardikorlikka ketgan yigitlarni koʻp gapirardi. Tangri oʻzi bechora bandalariga, yetim-esirlar ahvoliga rahm qilsin, urush bitsa, kelib qolisharmikai?
— E-e, ota, ularning qismati shu ekan, tashvish qilmang, urush bitdi deguncha hammasi darrov uya-uyasiga qarab qanot qoqadi. Podshohi oliy hazrat haqiga erta-yu kech duo qilishni unutmang. Inshoollo, buyuk Rusiyamiz gʻolibiyatga erishajak. Bunga aminmiz,— dedi Eshonxon bilimdonlik bilan.
— Qaydam, inim, — dedi dukchi, ogʻzidagi nosvoydan Kurmaklanib.— Zamon buzilishga buzildi. Ishqilib, oʻgʻlonlarning omon kaytganlarini koʻrsak bas, keyin biz omonatini topshirardik-da, adamga ravona boʻlardik... Ha, bu yolgʻon dunyoning achchiq sharbatini xoʻp totdik...

Eshonxon avval moʻylovini bir-ikki daf’a burab oldi, keyin ovozini pasaytirib, chol tomon engashib sirli ohangda dedi:

—Otaxon, tangriga ming karra shukur qilsangiz arziydi, shu kunlar sizga omad keldi, katta omad...

Dukchi qattiq taajjubdan yalt etib qaradi Eshonxonga:
— Nima deyapsan, esing joyidami? Och-yalangʻoch bir gʻarib banda boʻlsam, mening eshigimda omad ne qilsin?!

Eshonxon, avval bir qah-qah urib kuldi, keyin tagʻin shivirladi:
— Ota, butun shohona molu dunyo koʻchib keladi yaqinda xonadoningizga, baxt-saodat, iqbol — barchasi sizni izlab qoldi...
— E-e, tentak, ajab gaplarni aytasan. Hazilni qoʻy, inim, zamon ahvolidan soʻyla. Yurtga tinchlik kerakmi, yoʻqmi? Nega yurt ogʻalari buni oʻylamaydilar? Men shunga dogʻman...
— E-e, chol-e,— dedi Eshonxon qoʻlini siltab,— yurtning ahvoli bilan bosh qotirmang, oʻzingizni oʻylang, gapni eshiting! Mashhur attor Eshmuhammadxon boyni yaxshi bilasiz-a? Katta yer-suvlari, gʻij-gʻij mol toʻla doʻkonlari... Toshkentning toʻrt dahasi uniki desam, lof boʻlmaydi.
— Ha, bilaman, bilaman, bir vaqt elakday uch gaz chitni zakot deb tutqizgan edi menga. Past, ziqna, it fe’l bir boy. Xoʻsh, gapir, qani eshitaylik.
— Chamamda, ikki hafta burun, bir kun, kech payti boy aka ikkovimiz faytonda yonma-yon oʻtirib, oʻsha attor boynikiga bordik. Ulfatchilik joyida boʻldi, ichdik, yedik... Oʻsha kuni Eshmuhammadxon janoblarinikida qiz oshi ekan. Katta ichkari hovlisining butun uy-ayvonlari qizlarga liq toʻla edi. Bir qizlarki, har biri bir parizod deysiz. Tashqari ham toʻla odam. Biz pinhon xoʻp tomosha qildik. Eshmuhammadxonning qizini ham gʻira-shira koʻrdim. Malikalarday yasan-tusangan, toʻlagina, lekin rostini aytsam, uncha koʻhlik emas, qorachagina qiz ekan.
— Ha, eshitdim. Eshmuhammad jahonda misli yoʻq bir toʻy beribdi, ta’rifidan til ojizmish. Quturgan-da, oltin quturtiradi...— dedi dukchi kesatib.
— Ah, avji gapni qiziq joyida buzasiz-a! Boylar axir shahrimizning koʻrku obroʻsi, toʻy qilsa, yurtga osh bersa, yomonmi? Haddan tashqari toʻy bersa, oʻz hamyonidan axir hammasi! Har toʻyning oʻz mezoni boʻladi. Gapni eshiting, ota! Saidahmadxon, men, bir toʻda boylar sekin derazadan tomosha qildik. Katta uyda qizlar saf tizib oʻtirishibdi. Toʻrda boobroʻ oilalarning oltin-kumush, shohi-zarboflarga belangan qizlari, poygakda holi tang oila qizlari... Lekin bunday bazmni sira koʻrmaganman, Margʻilondan, Fargʻonadan dongʻi ketgan yallachilar chaqirilgan. Dutoru tanbur, ashula, oʻyin bir zum tinmadi. Lekin barchaning aqlini olgan bir qiz boʻldi... Chiroyli, popukday bir qiz oʻynadiki, ah-ah, iqlimda misli yoʻq, beqiyos...
— Ha, ha, ahyonda shunday oʻynoqi bir qiz chiqib qoladi,— dedi kulib dukchi.
— E-e, gapni boʻldingiz. Xoʻsh, shunday qilib, chunon oʻynadiki oʻsha qiz, Saidahmadxon janoblari es-hushidan ayrildilar qoldilar. «Yana bitta oʻynasin, yana bitta oʻynasin», deb sharaq-sharaq pul sugʻura boshladi. «Uyat boʻladi», deb bazoʻr pullarni qayta kissasiga soldirdim. Boyu boyvachchalarning barchasi qizga mahliyo boʻldi, illo barchasining koʻngli oʻrtandi. Qiz ham payqab qoldi shekilli, izza boʻlib tappa oʻtirib oldi, piq-piq yigʻladi. Eshmuhammadxon: «Bas, boʻldi, chiqinglar tashqariga», deb hammamizni ichkaridan haydadi. Keyin koʻp oʻtirmadik, joʻnadik. Saidahmadxon tamom hushdan ayrildi, dedim, yoʻlda anchagacha bir soʻz qotmadi, lekin chidamadi, shekilli, soʻradi: «Kimning qizi ekan? Ofat! Ofat!» «U gʻarib-benavo bir oiladan. Oti Zumrad», dedim.— Eshonxon cholga tikildi:—: Xoʻsh, nima deysiz, amaki? Endi gap sizdan.

Cholning qovogʻi osilib ketgan edi:
— Bas, bas, haromi! Tilingni tiy, aljirama!—dedi qahrli boʻgʻiq tovush bilan dukchi Eshonxonni jerkib.— Zumrad pok, asil qiz. Qiz oshilarni, qiz bazmlarini sevadi, oʻrtoqlari bilan borgandir boynikiga. Ochiq, shoʻx qiz. Nima boʻpti?

Bir oz sukutdan soʻng Eshonxon jiddiy ohangda soʻradi:
— Xoʻsh, nima deysiz, ota? Gapim chin. Boy: «Tez oʻrtaga tush, gaplash», deb qoʻymayapti. Toʻgʻri, oʻgʻillari bor, qizlari bor, qoʻsh xotini bor, tagʻin xohlabdi bir uylanishni, nima boʻpti? Davlatiga yarashadi-da. Mashhur zavodchi boʻlsa, shohona sha’n-shavkati boʻlsa, qizingiz malikalarday yayrab-yashnaydi, yomonmi?

Chol «uh» deya boshini quyi soldi, xomush tortdi.
— Tavba, qiziq gap...— dedi parishon holda. Eshonxon dukchining boʻshashganligini payqab, yana shivirlab avray boshladi:
— Tixirlik qilmang, xoʻp deng, qariya! Oʻzingiz ham boy boʻlib olasiz, bu yogʻini oʻylang. Duk-pukingizni yigʻishtiring, shu ham kasb boʻldi-yu, qoʻying-e! Tole oftobi chiqaman deyapti, esingiz joyidami?!
— Inim Eshonxon, bu gʻoyat qiyin savdo,— dedi Otash-dukchi.— Boy akang oʻlguday quv, mugʻambir odam. Koʻp koʻrganmiz, chirogʻim. Boylar oshiq boʻpti, jigaridan uribdi, deydilar. Unday qilaman, munday qilaman, boshimga koʻtaraman, deb Sulaymon taxtini va’da qilib, bechoralarning gulday qizlarini oladilar. Shunaqa beaxloq boʻladi boy-boyvachchalar! Koʻp koʻrganmiz, jiyan! Bizdaqa hokisorlarni aldashga, avrashga usta ular. Boshimni qotirma, jiyan, qoʻy behuda gaplarni!
— E, bas-e! Moʻ’tabar zotlarga til tegizmang! Toʻgʻri, bitta-yarimta ziqna, baxili onda-sonda chiqib qoladi, hammasi shunday boʻlaverarmidi! Saidahmadxon muruvvatli, adolatli, gʻariblarga mehribon bir odam. Qani, ota, fotihani beravering, qizingizning baxtini oʻylang! Biz bir xolis duo deb yuribmiz!

Chol ham ikkilanib qolgan edi. «Harna boʻlsa-da, boy, badavlat odam, balki qizim boyning davlatida olqib-cholqib, bola-chaqali boyvuchcha boʻlar, oʻzim ham qariganimda qornim toʻyib ovqat yerman», deb oʻyladi ichida. Bir zumda Otash-dukchi koʻnglida fikrlar quyuni aylanib ketdi.
— Jiyan, meni shu tobda shoshirib, ikki oyogʻimni bir etikka tiqma. Bu oson gap emas, umr savdosi, deydilar axir. Sabr qil: bir-ikki kun oʻylab koʻray, kampirimga maslahat qilay, qavmi qarindoshim bor oʻzimga yarasha.
— Mayli amaki, har nechuk ishni tezroq bitirgan yaxshi, orqaga surmang, oʻzingiz dono odamsiz, sizga maslahatning nima darkori bor? Unga-bunga aytib, baxt qushini choʻchitib qoʻymang!—oʻrnidan turdi Eshonxon.— Xoʻp xayr!

Eshonxon qaddini tik tutib, tim tomon tez yurib ketdi. Dukchi uzoq parishon oʻtirdi. Boshida turli-tuman xayollar chalkashib ketdi. Goh: «Shunday katta bir davlatmandga qaynata boʻlish togʻday bir baxt-ku», derdi oʻz-oʻziga, goh: «Bunday voqealarning oqibati hamisha falokatli boʻlgan», deya gumonga ketar edi chol. «Togʻday taxt boʻlguncha, barmoqday baxt boʻlsin», dedi Otash-dukchi oʻzicha shivirlab va shu on xayoli tamom qarshi tomonga uchdi.

Jomedan muazzin ovozi yangradi, dukchi shoshilinch ravishda duklarni, asboblarni yigʻishtirgach, juma namoziga yugurdi.

II

Namozga yaqin edi. Eshonxon mehmonxonaning eshigini sekin ochdi:
— Mumkinmi? Assalomu alaykum!—dedi ta’zim bilan.

Tanchada xomush oʻtirgan Saidahmadxon parvosizgina ostona tomon koʻz qirini tashladi:
— Xoʻsh, qayoqqa yoʻqolding?—zarda bilan soʻradi. Eshonxon, qoʻllari koʻksida, ayyorona iljayib, koʻzlarini oʻynatib oldi-da, tanchaga suqildi.
— Boy aka!—dedi tovushiga sirli tus berib.— Toʻy boʻlib qoldi... Janoblariga toʻy muborak!
— A?— dedi Saidahmadxon yirik, toʻnkaday ogʻir, goʻshtdor jussasini bir qoʻzgʻatib.— Nima deb valdirayapsan, bachchagʻar, tushuntirib gapir!— Bir zum sukutdan keyin kulib yubordi.— E-e, endi fahmladim, gap boshqa yoqda ekan.— Boyning yirik qora koʻzlari yonib ketgan edi, semizligidan yiltiragan yoʻgʻon barmoqlari bilan moʻylovini bir-ikki burab olgach, qoshlariga qadar bostirilgan yangi suvsar telpagini peshanasiga koʻtardi.— Qani, gapirchi, mirzam, koʻndimi isqirt boboy? Nima dedi? Ayt, qani, boshidan batafsil gapir!

Eshonxon endi gapirishga shoshilmas edi, choʻntagidan «Roza» papirosini chiqarib, barmoqlari orasida ezdi, tishlab gugurt chizdi, bir-ikki qattiq-qattiq tortgach, sekin gapga tushdi. U bugun tushda masjid Jomega, dukchi oldiga borganini, unga nimalar deganini bir-bir soʻzladi.
— Boyaqish chol soʻz topolmasdan, agʻraygancha qotdi-qoldi,— dedi Eshonxon papiros tutunidan havoga ketma-ket halqalar uchirarkan.— Xullas, boy aka, qoʻymadim, cholni koʻndirdim. Mana, janob, ish shunday doʻndirildi. Xullas, harakatingizni qilavering. Shoshilmasangiz boʻlmaydi, qiz bagʻoyat suluv, dilbar, bitta-yarimta ilib ketmasin, dogʻda qolmang...

Saidahmadxon suyunib ketgan edi.
— Otangga rahmat! Ayni muddao!— dedi-da, oʻyga toldi.

U endi xotinlarining yigʻi-sigʻi, xarxashasini, bolalarining noroziligini oʻylar edi.

Eshonxon boyning holatini koʻnglidagi andishani payqagan edi, albatta, shuning uchun uning fikrlarini chalgʻitish niyatida tagʻin gapga kirishdi:
— Faqir kishi uchun bir oltin tanga — xazina,— dedi Eshonxon va cholning hamyonini bir daf’a toʻldirmoq, qizga bir necha qat asil sarpolar tayyorlamoq lozimligini aytdi.— Boyning xotin ustiga xotin olishini xalq yomon koʻradi, shu sababdan kichikroq shirin bir toʻy qilamiz. Boy aka, hali yoshsiz, ellikka zndi kiryapsiz, shundaymi, ogʻa? Ikki marta uylandingiz, tagʻin ikki uylanish oldingizda turibdi. Hayot misli bir yugurik daryo, oqadi ketadi, surgan kayfu safongiz qoladi,—quv koʻzlarini suzib, iljaydi Eshonxon.
— Umuman aytganda, ish chakki boʻlmadi,— dedi Saidahmadxon yostiqqa yonboshlab.— Lekin qoʻyib bersam, tilingni xoʻp qayraysan. Bu gapirganlaringni oʻzim ham bilaman, ammo uy ichini, xotinlarni oʻylayapman. Xayr, mayli, ular tez koʻnikib ketishadi. Endi toʻyni boshlayveramiz, oʻzing bosh boʻlib, hamma ishni saranjom qilasan, uqdingmi? Qizning butun sarposini atlas-shohidan, duxo-bazarbofdan olasan. Cholga nafaqa kerak, deysanmi? Gaping toʻgʻri. Bir qora choʻzsak kifoya deb oʻylayman, ozmi, ming soʻlkavoy! Qalay, tuzukmi? Tushida koʻrmagan dukching shuncha pulni, bachchagʻar, bu yogʻini ham oʻyla!
— Bir qora deganingiz ma’qul, lekin bu zamonda pul ham xashak-da.
— Ho, anoyi, birovning dunyosiga tantilik qilma, aqcha yerdan terilmaydi, uka. Rahmatli bobom oʻla-oʻlguncha: «Oltin yigʻ, bolam, oltin yigʻ! Har narsaning davosi — oltin, belingning quvvati— oltin!» degan edi. Sen kasofat nuqul meni isrof yoʻliga surgaysan!—kuldi Saidahmad.

Suhbat uzilmadi, ular zavoddan, paxtadan gaplasha boshladilar. «Sart va machchoyi ishchilarga nisbatan ayniqsa, ehtiyot boʻlish zarur», degan gaplar ham boʻldi oʻrtalarida.
— Hali zavodni bir aylanib chiqdim, qayda edilar, janoblari?—soʻradi Eshonxon.
— Ha, koʻpaslar bilan yurdim. Paxta ishi koʻp ogʻir, nozik ish-da. Soʻng madrasada boʻldik. Xullas, kun oʻtdi,— dedi Saidahmad va ogʻzini katta ochib homuza tortdi.

Qorongʻi tushgan edi, xizmatkor va izvoshchi Qoravoy kelib oʻttizinchi osma chiroqni yoqa boshladi.
— Hovliga kirarkansiz, janob, ovqat tayyormish. Boy, odati boʻyicha, koʻpincha ovqatni ichkarida yerdi.
— Oshmi?— keskin soʻradi Qoravoydan boy. Boshini tebratib «ha» degan imoni qildi xizmatchi.
— Olib chiq!— buyurdi Saidahmad.
— Hayratda qolgan Qoravoy boyga yalt etib qaradi-da, indamasdan ichkariga kirib ketdi.

Saidahmadxon tirjaydi:
— Endi xotinlarga shu kunlar oz-oz zahar tashlab turmoq tuzuk, asta-sekin koʻnikishsin, a, nima deding?

Eshonxon qah-qahlab kulib yubordi.
— Boy aka, durust, yoʻlini bilasiz.— Chiroqning piligini tuzatishga kirishdi.
— Sen kasofatga qoyilman! dedi Saidahmadxon peshanasini ishqab.— Ishni xoʻp boplabsan. Endi boyvuchchalarga toʻngroq gapirib turamiz, yoʻqsa, ish chatoq boʻladi.
— Boy aka, ilohim kuniga uylaning, boshingizdan davlat qushi aslo ketmagay!— dedi Eshonxon tovushini pasaytirib.

Oʻrta eshik oldida Qoravoyga oqsoch seryogʻ palov uyib suzilgan xitoy laganni tutqazdi-da, nimanidir shivirladi. «Bilmadim» deganday pastki labini osiltirib, boshini bir yonga qiyshaytirdi Qoravoy.
— Katta bekaning jahllari chiqayotganmish, nima balo boʻlibdi, tinchlikmi, deb soʻrayotganmishlar,— dedi. Qoravoy laganni Eshon qoʻliga tutqazib, oppoq dasturxonni yozarkan.

Saidahmad illjaydi:
— Bor-bor, ishingni qil, xumpar!— Bir on sukutdan soʻng ovozini pasaytirib dedi:— Ehtimol, uylanarman, lekin pinhon tut buni, aljirasang tilingni kesaman.
— Xoʻjayin, xoʻp, soqovman, lekin men shoʻrlik toq oʻtamanmi bu dunyodan? Insof qiling-da, axir, xoʻjayin,— dedi Qoravoy oʻksingan holda.

Saidahmad qiqirlab kuldi, keyin hazilnamo poʻpisa qildi:
— Avvalo, mulla jiring kerak, boshpana bir vatan kerak. Keyin qayliq orzu qilsang boʻladi. Boʻying bir qarich, buning ustiga abjagʻing chiqqan choʻtir boʻlsang, sen ta’viyaga kim boqadi, tentak!
— «Boshim kal, koʻnglim nozik», deganini eshitganmisiz, boy aka?— dedi darrov yenglarini shimarib, qoʻllarini yuvgach, qazi va goʻshtni toʻgʻrashga kirishgan Eshonxon.
— Xoʻp, xoʻjayin, umidni uzmaymiz, «umidi yoʻq — imoni yoʻq», degan maqolni ham eshitganmiz,— dedi qizarib Qoravoy va sekin eshikni yopib chiqib ketdi.
— Padar la’nati-ey...— dedi boy Eshonxon tutgan obdastadan oʻtirgan joyida qoʻllarini chayarkan, soʻng ikkovlari churq etmasdan sergoʻsht, yogʻli palovga qoʻl uzatishdi. Eshonxon ochligidan oshni bosh koʻtarmay oshalar, Saidahmad esa yalqovgina yerdi.

Qovogʻi soliq Qoravoy kirib Eshonxonning oldiga katta gardin choynakda koʻk choy qoʻyib chiqib ketdi.

Boy tuxum poʻchogʻiday yupqa xitoy piyoladagi choyni maydalab xoʻpladi-da, oʻrnidan turdi:
— Gorodga ketyapman, bir-ikki fabrikantlar bilan restoranda oʻtirmoqchi edik,— dedi boy. Dik etib turib, ta’zimda qaqqaygan Eshonxonga buyurdi:—Chiq, Qoravoyga ayt, faytonni tayyor qilsin. Hozircha butun gapni maxfiy saqla, valdirab shov-shuv koʻtarib yurma! Boyvuchchalarning mojarosini uncha pisand qilmayman, lekin qaynatalardan, bitta-yarimta dushmanlarning gʻiybatidan choʻchish kerak. Ehtiyot shart...
— Xotirjam boʻlsinlar, boy aka, aslo gʻam yemasinlar, butun gʻovlarni oʻzim bartaraf qilaman,— dedi Eshonxon moʻltonilik bilan va hovliga otildi.

Saidahmadxon ustidagi surma rang yangi movut kamzulining etaklarini qoʻli bilan urib bir-ikki qoqdi, telpagini boshidan olib, barmoqlari bilan chertib tozalagan boʻldi. Qoziqdan yarqiragan, qora movut qoplangan uzun, keng pochapoʻstinni olib kiydi. Ogʻir odimlab mehmonxonani bir-ikki aylangach, koʻkrak choʻntagidan oltin soatini olib qaradi-da, shoshilib amirkon kavushini kiydi, tez yurib hovliga chiqdi.

Tashqari yarim yalangʻoch daraxtlar, chiptaga oʻralgan atirgullarga toʻla sahni keng hovli edi.

Fayton hali tayyor boʻlmaganiga qaramasdan, Saidahmad ichkariga kirishni xohlamadi, gʻisht terilgan tor yoʻlkada birpas aylanib turdi.
— Marhamat, boy aka! Fayton tayyor!— xabar qildi Eshonxon.

Saidahmad takabburona yurish bilan darvoza oldiga chiqdi va gerdayib, yumshoq izvoshga oʻtirishi hamon Qoravoy «Chuh-chuh, hay!..» deb uzun qamchini koʻtardi. Yiltiragan, bir-biridan goʻzal qoʻsh olmovut otlar yengil yurib ketishdi.

Fayton koʻzdan yoʻqolguncha, koʻchada tik qotib turgan Eshonxon ichkariga kirdi. Hovlining bir burchidagi tor, qorongʻi hujrada paypaslab tokchadan chiroqni topdi, uni yoqib kichkina shaloq xontaxta ustiga qoʻydi. Sovuq, tanchasi ham yoʻq zax hujrada, bir qoʻlini iyagiga tirab, bir lahza xayolga tolgancha jim oʻtirib qoldi. Soʻng tokchadan qalin katta kitob — «Ming bir kecha»ni olib, varaqlay boshladi...

III

Ayvonda bosma gulli boʻz koʻrpa yopilgan pastakkina tanchada qizlar oʻtirardi. Ular toʻrtta edi; undan-bundan gangur-gungur gaplashib, birovi tepalik, birovi jiyak, birovi gardish tikish bilan mashgʻul. Ular koʻngillarida chayqalgan havaslariga bovar, yuksak zavqlariga xos nozik nusxalarni, koʻrkam naqshlarni bir-biridan oʻzishib tikar edilar.

Qizlarning biri Otash-dukchining qizi Zumrad, boshqalari — uning oʻrtoqlari, qoʻshni qizlar. Oʻn besh bilan oʻn sakkiz oʻrtasidagi popukday koʻrkam bu qizlar kichiklikdan birga oʻynab oʻsgan, oʻzaro samimiy doʻst, ahil dugonalar.

Bular orasida Zumrad ayniqsa shoʻx, soʻzlari, qiliqlari oʻziga yarashgan dilbar qiz. Uning oʻrta, tolma boʻyi, nozik beli, ingichka egma qoshlari, qirra burni, yirik uchqunli koʻzlari bir-biriga munosib. U sarbast, ziyrak, harakatlari dadil, soʻzlari oʻtkir, oʻrtoqlari orasida onabosh qiz. Mahallada oʻtkir, gapga chechan qizlar koʻp boʻlsa-da, oʻta qashshoq, past tabaqadan hisoblangan Otash-dukchining qizi — Zumradning oqilaligi, zukkoligi va suluvligiga katta-kichik barcha tan berar, maftun boʻlar edi.

Otash-dukchining otasidan qolgan boʻgʻot tomli pastak uyning bir chekkasi choʻkkan, qiyshayib toʻkilib turar edi.

Kaftday kichkina hovlining bir yoqasidan oʻtgan anhor boʻyi — quyuq tolzor, sersoya, jimjit bir goʻsha.

Zumrad — kampir va cholning bitta-yu bitta yolgʻizi. Ularga u ham oʻgʻil, ham qiz, undan boshqa farzand koʻrmagan edilar.

Gulasal jiyakni tez-tez qatim tortib tikardi. Birdan tiniq ovozini jaranglatib kuylab yubordi:

Derazadan bosh boqqan, dilbarim,
Gʻamza bilan qosh qoqqan dilbarim.
Derazadan boqmangiz, boshim yalang,
Boqsangiz, boqmasangiz — qoshim qalam!..

Qizlar qotib-qotib kulishdi.
— Nima qilay, ikir-chikir gaplaring qursin, zerikib ketdim. Qoʻshiq koʻngilning chigilini yozadi, bilsanglar...—dedi Gulasal — koʻzlari qiyiq, bodom qozoq, istarasi issiq, jajjigina qiz.
— Turmushimiz nuqul mashaqqat-a, mundaqa zamonni yer yutsin! Xudoning bergan kuni ozigʻimiz un oshi boʻlib qoldi. Olti oymi-etti oymi boʻladi, tishimizga goʻsht tekkani yoʻgʻ-a, uf!..— deb qoʻlidagi gardishni yerga qoʻydi Bashor.— Otam boyaqish erta-yu kech mahsi tikadi, joʻjabirday jonmiz, topganimiz yetmaydi.— Ozgina sukutdan keyin qoʻshib qoʻydi:—Bir poʻstdumba bosgan, sergoʻsht palov boʻlsa-ya shu tobda...
— Voy-voy, un oshiga nozmi? Bizning qozonimiz nuqul qora shoʻrva qaynatadi,— dedi istehzo bilan Gulasal ipak qatimini tishlari bilan uzib.

Ra’no jon-jahdi bilan doʻppi tikardi. U Bashorning tizzasini sekin turtdi:
— Hay, Bashor, mugʻambirsan-ey, har kuni yeganlaring qayla, moshkichiri, pismiq oʻlgur, pishiqsan, ayyamaysan. Turshak, magʻiz-ku qop-qop, otang har kun tashiydi bozorga.

Bashorning jahli chiqib ketgan edi, yonidagi gardishni yerdan yulib oldi-da, tap etib tancha ustidagi mis barkashga qoʻydi:
— Sening hamisha gaping shu! Toʻqsan, butsan, deb koʻz ochirmaysan. Otam shoʻrlik yoz boʻyi yer ishlaydi, qishda hammollikka bozorga yuguradi, bir uy toʻla jonni boqish osonmi?! Ichganimiz yovgʻon xoʻrda, yovgʻon un osh, onda-sonda bir adashib zigʻir yogʻ palov koʻrib qolamiz. Toʻqlik oʻlsin shu boʻlsa!

Zumrad oʻrtoqlarining bir zum jiqillashganidan xunob boʻlib yonib qetdi:
— Bas-e, oʻlinglar iloyim, shuyam gapmi! Kambagʻalmizu, lekin qadrimizni bilaylik. Qornimiz och bulsayam, koʻzimiz toʻq boʻlsin!
— Ajabmi! Oʻzing ham tupugingni yutding-ku!— dedi payvasta qoshlarini chimirib Bashor.
— Qoʻy, jonim Bashoratxon, taqdirning muruvvatiga umidvor boʻlaylik. Kunimiz tugʻsa, tinchib qolarmiz. Balki xudoyim hammamizga yaxshi-yaxshi kuyovlar buyursa...— koʻzlarini noz bilan suzdi Zumrad.— Tegib ketarmiz...

Qizlar beixtiyor kulib yuborishdi.
— Popukday yigit chiqsa, indamay tegib ketaverardim,—dedi joʻrttaga jiddiy tus bilan Ra’no.
— Oʻl-e, muncha ersiramasang!—dedi yuzini ters burib Gulasal.

Qizlar tagʻin qah-qah urishdi.

Ayvonning bir chetida Zumradning onasi —Momosuuv xola charxni gʻuv-gʻuv aylantirardi. U novcha, quruq suyak bir kampir: yuzi burushiq, chakaklari ichiga kirgan, hayot mashaqqatidan koʻzlari nursizlangan, boshida suzilib turgan eski doka roʻmol ustidan qora durra tangʻilgan.

Kampir charx gʻuv-gʻuvidan qizlarning gapini eshitmas edi, lekin er haqidagi soʻzlari qulogʻiga yeta qoldi, zarda bilan boʻgʻilib baqirdi:
— Oʻlinglar, qizlar ham shunday behayo boʻladimi! Qaqildoqlar-ey, er-er, deb oʻlasanlar-a!—Kampir qizlarning ma’yus tortib qolganini koʻrib, picha yumshadi.—Parvardigorim barchangizga mehnatkash, jafokash, bainsof yigitlarni buyurgan boʻlsin! Kuyovlaring bilan qoʻsh hoʻkiz boʻlib tirikchilik qilinglar, ilohim, dasturxonlaringdan qazilik norin, yogʻlik patir arimasin...

«Aytganingiz kelsin!» dedi ichida shivirlab Ra’no.
— Yoʻq, oyijon, Men erga tegmayman, bitta-yu bitta qizingizman, yostiq boʻlay sizga!— dedi Zumrad.
— Yomon nafas qilma, qizim, qari qizlikni hech qaysilaringga koʻrsatmasin tangrim!— dedi kampir boshini chayqab.

Qizlar ishdan qoʻllarini uzmasdan goh kulishib, goh hazil aralash, goh jiddiy gap talashib uzoq oʻtirdilar.

Kampir qurushgan barmoqlari bilan tizzalarini bir-ikki qattiq-qattiq uqalab olgach! «Yo ollo!» deb oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Is bosgan tor, qorongʻi, yillar yukidan bukchaygan oshxonada Momosuluv xola oʻchoqqa olov yoqdi, dekchaga bir qoshiq moy tomizdi-da, jazillatib piyozni qovurdi. Qora shoʻrva osongina tayyor boʻlardi.
— Voy-voy-ey, judayam charchadim...— dedi kerishib Ra’no va ishpechini yigʻa boshladi. Boshqalari ham nari-beri ishlarini yigʻdilar-da, duv etib hovliga tushdilar.

Zumrad belini siqib tugmalangan kalta nimchasining choʻntagidan xil-xil ipak bilan turlangan koptokni chiqarib yerga bir urgan edi, u boʻy barobar sapchib ketdi. Chir-chir aylanib, qayta-qayta koptokni otib oʻynay boshladi.

Qizlar boshlarini goh osmonga koʻtarib, goh yerga boqib, koptokni kuzatib turdilar.
— Bahor kelsin, qonib-qonib bir oʻynaylikki...— dedi Ra’no kulib.
— Koptok oʻynashni judayam yaxshi koʻraman, yozin-qishin choʻntagimda olib yuraman,—dedi Zumrad koptokni qaytadan kichkina choʻntagiga tiqishtirib.

Qizlar bir-birlarini opichib, quvlashib, jarang kulgilar bilan bir oz yayrashdi. Koʻcha eshik boʻsagʻasida Otash-dukchi paydo boʻlgan on, qizlar uning avzoyi buzuqligini payqab, darrov uy-uylariga tarqalishdi. Zumrad ham Ra’noga ergashib chiqib ketdi.

Chol qovogʻi soliq, yerga boqqani holda xonaga kirdi, ustidagi olacha toʻnini yechib, eski kir choponini kiygach, ayvonga chiqdi, oʻhoʻ-oʻhoʻlab yoʻtalgancha, tanchaga tiqildi.
— Hey, qaydasan? Beri kel!—chaqirdi u kampirini. Oshxonada tappiing achchiq tutunidan xit boʻgʻilgan kampir mingʻilladi:
— Bay-ba-ey, cholim bechora ichi yalanib och keladi-ya...
— Beri kel deyapman, qulogʻing tom bitganmi?!—tagʻin chaqirdi chol toqatsizlanib.— Gap bor...

Momosuluv xola kelib ayvon chetiga omonat oʻtirdi:
— Tagʻin nima gap topib keldingiz? Doim mashmasha... Ovqat tayyor.
— Chiq, yaqinroq oʻtir, gap koʻp,— dedi yuvoshlanib chol.
— Eshityapman, gapiravering!—dedi zarda bilan kampir.

Dukchi chol tancha osha boshini choʻzgani holda sirli tovush bilan soʻzga kirishdi. U Jomeda oʻtirganida bugun oldiga Eshonxon kelganini aytdi. Keyin uning izvoshda xoʻjayini bilan ziyofatga birgalashib borganini, u yerda qiz oshida derazadan qizlarga moʻralaganlarini, Zumradning rosa oʻynaganini, boyning ishqi tushib qolganini — hammasini bir-bir aytdi. Kampir hayratdan tishsiz ogʻzini baliqday katta ochib tinglar edi.
— Endi boy nima uchun Eshonxonni oldimga yuborganining ma’nisini tushundingmi, kampir? E-e, gumroh, qizingni soʻratyapti! Boshim qotib qoldi!—qichqirdi jahl aralash dukchi.

Rangi oʻchib, behush angrayib qolgan kampir cholning baqirigʻidan oʻziga keldi, oyoqlaridan eski kavushlarini tushirib tanchaga suqildi:
— Qaysi boy? Boʻydoqmi oʻzi, shunisini gapiring avval!— dedi sabrsizlanib.
— Darhaqiqat juda boy. Mashhur paxtachi boylardan. Oʻzim ham bir koʻrganman, juda takabbur, uncha-munchani pisand qilmaydi, aytgani aytgan, degani degan.— Chol bir oz sukut qilgach, kulib, tilining tagiga nos otdi.—Esi past kampir-ey! Sening gapingga kulyapman. Boʻydoqmi deysan! Boʻydoq boʻladi-yu, boy boʻladi-yu, sening qizingni soʻraydimi! Esing joyidami? Oʻzi chamasi elliklarda, ammo ikki xotini bormish! Ha, shunday, uvali-juvali odam. Ishqi tushgan qizingga, yaxshi koʻrib qolgan...—dedi chol, nosvoydan duduqlanib.
— Ishqi tushmay oʻla qolsin!—dedi boʻshashib Momosuluv.— Yigirmada, oʻttizda boʻlsayam, bitta xotinlik boʻlsayam, «Ha, peshanasi shu ekan qizimning», derdim. Ikki kundosh-a, ikki yov! Kun berarmidi aygʻir otday ikki kundosh! Kundoshlikka kun tugʻmas, kun tugʻsa, butun tugʻmas, degan qadimlarning soʻzini bilmaysizmi?! Popukday qizim choʻri boʻladi-ku, ularga, kuyadi, oʻtda yonadi... Koʻp koʻrganman mundoq voqealarni... Yoʻq, chol, sira boʻlmaydigan gap. Oʻsha Eshonxon-da, bilaman, xoʻp tulkiligini, siz, laqillagan chol, uning nogʻorasiga oʻynamoqchisiz!

Chol «uh!» deb uzoq sukutga tolgach, namatni boʻyra bilan qoʻshib koʻtarib, nosvoyni tupurdi, boʻgʻilib qattiq yoʻtaldi:
— Qaydam, molu dunyosining hisobi yoʻq badavlat odam. Shoyad qizim yayrab-yashnab ketsa, deb umid qilgan edim, shu vajdan menga ma’qulday koʻringan edi...
— Xom kallasiz—dedi kampir kuyunib,—davlati koʻpning kuni zahar zaqqum boʻladi “och qornim—tinch qulogʻim” degan qadimning gapini bilasiz-ku. Moʻmin-qobil bir mehnatkash topilib qolar, andak sabr qiling, pushaymon boʻlasiz.
— Sen, kampir, tushunmaysan, boyning davlatidan biz ham qarigan chogʻimizda qitday bahramand boʻlarmidik deyman. Kasbim dukchilikka barham berarmidim... Kunimiz ham bitib qoldi, bir shingil rohat koʻrarmidik...

Momosuluvning jahli chiqib ketgan edi:
— Ixtiyor sizda-yu, otasi, lekin qarab turing, qizingiz xunibiyron yigʻlab qaytib keladi, shunda pushaymon boʻlasiz. Xudo koʻtarsin boylaringizni, men ularning hammasini miridan-sirigacha bilaman, ha, xoʻp deng gapimga!— Kampir jahl bilan oʻrnidan turdi-da, qaddini rostlab, oshxonaga ketdi.

Otash-dukchi tanchaga tiqilib, uzoq oʻy surdi. Unga goh kampirning gaplari ma’qulday koʻrinar, goh buning teskarisi tuzuk tushar edi.

U namozgarga tayyorlangach, oshxona oldiga bordi.
— Hoy, kampir, ogʻzingni yuma tur, qizingga ham, boshqalarga ham aljirab qoʻyma! Ogʻiz aygʻoq, til taygʻoq! Uqdingmi? Mahallaning kattalari bilan sekin maslahatlashib koʻraman,—dedi-yu, koʻchaga chiqib ketdi chol. ,

Zumrad eshikdan kirgan hamon onasining xafaligini sevgan edi:
— Tagʻin nima gap oʻtdi, yigʻlabsizmi?— soʻradi onaning yuziga tikilib qiz.
— Chol oʻlmagur bilan jinday gʻijillashdik-da, nima boʻlardi...— dedi kampir tutundan xip boʻgʻilgan tovushi bilan.—Qoʻy, ishing boʻlmasin, qizim!
— Bu nimasi-ya, oyi, oʻqtii-oʻqtin urishib qolasizlar. Cholu kampir ahil, mehribon boʻlishi kerak edi. Oyijon, bu gʻavgʻo, xarxasha kambagʻalligimizdan boʻlsa kerak... Mayli, oyi, behuda kuyinmang, otam kelsin, oʻzim urishib qoʻyaman,—dedi Zumrad va onasi uzatgan bir kosa qora shoʻrvani koʻtarib, nimadir kuylagan holda ayvonga yengilgina chiqib ketdi.

Ikkinchi Bob

I

Osmondan mayin, yengil qor uchqunlaydi. Qatqaloq koʻchalarda sovuqdan junjigan odamlar tirikchilik tashvishida shoshilib, biri bozorga borar, biri bozordan qaytar edi. Yengil-engil kiyingan aravakashlar otda bukchayib oʻtiradilar, oʻqtin-oʻqtin issiq nafaslari bilan kaftlarini isitib oladilar. Goho guv etib konkalar, goho otliqlar oʻtib ketadi.

Mana, suvsar telpak, pachapoʻstinda, moʻylovlari olifta buralsan Saidahmadxon faytonni bitta oʻzi toʻldirgan holda gerdayib ketmoqda. Uni tanimagan odam kam. Savdo ahli, paxta dallollari: «Asealomu alaykum!» deya ta’zim bilan salom berib qoladilar. Saidahmadxon ba’zan izvoshini bir lahza toʻxtatib, biror tanish bilan jinday gaplashar ekan, samovarchiga: «Chilim»! deya qichqiradi. Samovarchilar chilimni shosha-pisha pishitib, nari-beri artib yuguradilar. Fayton yengil boradi, hammaning koʻzi, goʻyo maqomga monand, uchib ketayotgan qoʻsh olmovut otlarga qadalib qoladi.

Eskijoʻvada baland gʻisht bino, manufaktura magaziniga yetgach, fayton qayrildi, madrasa oldida toʻxtadi. Boy salmoqdor qadami bilan keng yoʻlakdan oʻtib, oʻng tomondagi eshikni ochdi-da: «Mumkinmi, taqsir?» dedi va javob kutmasdan ichkari kirdi. Tor, qorongʻiroq hujrada bosh mudarris— a’lam bilan toʻrtta-beshta ulamo oʻtirardi.
— Ehe, xush kelibdilar, janoblari!—dedi oʻrnidan qoʻzgʻalib mudarris.

Ulamolar bilan koʻrishib boʻlgach, boy pixillab bazoʻr chordona qurdi.

Hujra oʻchogʻida pistakoʻmir laqqa choʻgʻ boʻlib turardi. Ikki tokchaga arab va fors tillarida, ba’zilari tosh bosmada chop etilgan, ba’zilari qoʻlda bitilgan qalin-qalin kitoblar terilgan.

Mudarris— Sadriddin a’lam va uning huzuridagi mashhur ulamolar savatday katta oq sallalarda, qat-qat yangi, keng toʻnlarda, hammalari uzun soqolli, salobatli keksa odamlar edi.
— Janoblari, bardammilar?—soʻradi boyga murojaat etib Sadriddin a’lam.

Boy oʻziga jiddiyat berib, qulluq qildi:
— Tashakkur, taqsir, oʻzlaridan soʻrasak?— va bir-bir ulamolar bilan soʻrashib chiqdi.
— Qalay tolibi ilmlar, umuman barcha madrasa ahli, ta’lim ishlari tuzukmi?—soʻradi boy Sadriddin a’lamdan.
— Tolibi ilmlarimizning namozu ibodatga, tahsilga ixloslari koʻp baland. Vaqf yerlarining mablagʻlariga qanoatda boʻlib tahsil qilurlarki, ofarin deyishga sazovordirlar,—javob berdi, kichik ayyor koʻzlarini qisib, paxmoq soqol ulamo.

Sadriddin a’lam shoshmasdan, soʻzlarni bir-bir chertib salmoq berib soʻzlay boshladi. Madrasa talabalari orasida hatto yigirma-yigirma besh yil mobaynida matonat va ijtihod bilan tahsil qiluvchilar borligini aytdi.
— Bular goʻyo igna bilan quduq qazigandek bagʻoyat diqqat, qunt bilan mehnat qilurlar,— dedi Sadriddin a’lam.

Boshini quyi solib, sukutda oʻtirgan koʻsa bir ulamo dedi:
— Kambagʻal, nochor shogirdlarimizning holi tang. Holbuki, ularning oziq-ovqati yolgʻiz vaqf zimmasida. Bir guruh shogirdlar, ba’zi ulamolar bilan til biriktirib, vaqf daromadini laqqa-laqqa yutadilar. Butun falokat va razolat shunda. Shariatimizning qonunlari, huquqlari qayda qoldi?! O, barchasi barbod topdi, yolgʻiz ollo taolo...
— Bas-bas-e!— kesdi ulamoning soʻzini jahldan qizargan Sadriddin a’lam.— Ollo haqi, boʻhton bu... Astagʻfirullo, deganlaringiz nuqul kufurdir.
— Astagʻfirullo! Boʻhton!—dedi boʻgʻilib xasta ovoz bilan bir ulamo.
— Faraz qilaylik,— Sadriddin a’lam oʻtirgan yerida bir chayqalab oldi,— mabodo bir-yarim noinsof bor, deb. Ammo nafaqaning ulkan hissasi shogirdlarga ajratilgan. Lekin inkor qilmaymizki, shogirdlar orasida olchoq, dangasa, rasvo, ildizdan chirigan bazmkash haromilar bordirki, bu koʻp foje voqea, astagʻfirullo, shoyad tangrim oʻzi jazolarini bergay!

Saidahmadxon, garchi, zarur ishlari koʻpligi tufayli ichdan toqatsizlansa-da, jim quloq solib oʻtirardi.
— Afsuski, illatlar koʻp, taqsirlar,— dedi moʻylovini asta burab boy.— Shariat bobida chetga toymasdan, bandalar koʻkragiga imonni jo qilmoq — siz azizlarning vazifangiz. Biz esa ollo taoloning ojiz bandasimiz. Rahmatli otamiz, farzandimiz qur’oni sharifni varaqlashga muyassar boʻlgʻay, degan niyatda kaminani maktabga berdilar. Yosh edik, shoʻx edik, domlamiz sal nari boʻlsa, ship etib darchadan otardik oʻzimizni. Mana, gʻirt omiman, janoblar, rasvoyi olamman. Lekin na chora, yolgʻiz pushaymonlik...— Ulamolarga bir-bir qarab chiqdi boy, soʻng davom etdi:—Quloq bering, taqsirlar, zamon taraqqiyot pogʻonasiga yetdi. Peterburgda boʻlganimda tatar boylari bilan koʻp uchrashdim, birga boʻldik, ular ziyrak, aqlli, oʻqimishli, islom yoʻliga berilgan odamlar. Buxoroyi sharifning amiri oliylari Peterburg musulmonlari uchun bir masjid bino qildiribdilar, koʻrib aqlim lol qoldi. Minoralari samoga qadalgan muhtasham bir bino. Tatar doʻstlarga ergashib har kun namoz oʻqidim, bir kun kanda boʻlmadi.— Boy jilmaydi.— Oʻz shahrimizda, bilmadim, ish koʻpligidanmi, tarki namoz yurar ekanmiz...

Ulamolar kulib qoʻyishdi.
— Musulmon bandasining boshi hamisha sajdada boʻlmogʻi farzdir, janob!— dedi a’lam jiddiyat bilan va qoʻlidagi tasbehni barmoqlari orasida bir-ikki aylantirib qoʻydi.
— Shu shahri azmimizda ham tatar doʻstlarimiz, ziyolilar bisyor,— dedi boy va bir qoʻzgʻalib, tizzalarini uqalab oldi.— Ular bilan ziyofatda, majlislarda, savdo-tijorat masalalarida tez-tez uchrashib turamiz.
— Ha, janob, tatarlar dinda qanchalik mustahkam boʻlsa, tijoratda ham shuncha farangdirlar,— dedi ulamolardan biri uzun soqolini silab.
— Shundoq, taqsirim,— dedi boy boshini tebratib.— Tatar ulamolari madrasalarda birmuncha islohot ishlari boshlaganlar. Bizning Toshkentda, Qoʻqonda, Samarqandda, Andijonda ziyolilar, jadidlar koʻpaymoqda.
— Dini islomimiz barbod boʻlurmi, astagʻfirullo...— dedi ulamolardan biri yigʻlamsiragan ohangda.

Qovogʻini osiltirib oʻtirgan Sadriddin a’lam quyuq qoshlarini koʻtardi va boyga murojaat qilib, qahrli ohangda dedi:
— Shariatimiz faqat olloni, paygʻambarni, qur’onni buyurmish biz ojiz bandalariga. Jadid degan badnom dahriylar paydo boʻlmish, kofiri jahondir badbaxtlar! Qiyomat yaqinmikin, tangrim, oʻzing kechir bandalarning gunohini, zamon buzildi, olam rasvo boʻldi. Ammo ulamolarimizning birontasi ularga yondashmas, biz ollo taologa sigʻinib, yigʻlab, duo qilurmiz, ummatlarga yoʻlboshchi, rahnamodirmiz.

Ulamolar boshlarini qimirlatib, a’lamning aytganlarini ma’qulladilar.
— Dilimizda avvalo xudo, soʻng paygʻambar alayhissalom va shariatimizdir!— dedi ulamolarning biri.
— Haq rost!— tasdiqladi kipriklarini pirillatib ikkinchi ulamo.

Saidahmadxon peshanasini uqalab, jim boʻldi. U nima deyishni bilmasdan taraddudda qolgan edi.
— Mumkinmi? Assalomu alaykum!— Eshikdan kulimsirab Anvarxon qori kirib keldi.

U oʻrta boʻyli, yagʻrinli, oppoq yuziga kalta qora soqoli yarashgan, koʻzlarida aql jilvasi koʻrinar edi, boshida did bilan oʻralgan kichik oq salla, egnida surma rang movutdan uzun toʻn.

Anvar qorining orqasida quyuq ta’zim bilan qoʻllarini koʻksiga qoʻyib, baland boʻyli, siyrak soqolli, ingichka, rangpar kishi — «Izoh» jurnalining kotibi Mirzahalim turar edi.

Ulamolar va Saidahmadxon oʻrinlarida qalqib, qori bilan koʻrishib qayta-qayta soʻrashdilar.

Saidahmadxon Anvarxon qorini yoniga oʻtqazgach, yana bir karra soʻrashib oldi.
— Madrasada koʻrarman deb oʻylamagan edim janoblarini,— dedi Saidahmadxon qoriga qarab.
— Hazratlarini ziyorat qilgali goho kelib turamiz,— javob berdi qori kulimsirab.
— Qori!—dedi Sadriddin a’lam ohista, salmoqli nutqi bilan.— Ayni vaqtida kelibsiz, koʻp xursandmiz. Biz shu topda boy janoblari ila muhim bir masala ustida soʻz chaqib oʻltirurdik. Imonimiz komildirki, siz ulamo hazratlarning islom dinining homiyligiga aminsiz. Siz ulamolarning pok niyatlarini, xulqi-atvorini yaxshi bilursiz. Shundoq ekan, umid qilurmiz, siz jadidlar yoʻliga sad chekkaysiz, u behayolarni yoʻqotgaysiz!

Anvarxon qori bir lahza hayratda qolgan edi. Lekin ziyrak kishi boʻlganidan darhol ulamolar koʻnglidagi gʻashlikni sezdi, Saidahmadxonga murojaat qildi:
— Shu davrimizda jadid atalmishlar mavjud boʻldi. Janoblarga ma’lum boʻlgʻaykim, ularning maqsadi—islom bayrogʻi soyasida xalqqa xizmat etmoq va millatga rahnamo boʻlmoqdir. Biz bilurmiz, ulamolarimiz koʻngillari pok, dinimiz uchun oʻzlarnni qurbon etadigan zotlardir. Ulamo hazratlar jadidlar ila birgalikda xalqqa rahnamolik etsalar, tarbiya, shafqat qilsalar koʻp dardlarimiz shifo topgan boʻlur edi, muqaddas vazifalarimiz bajo etilgan boʻlur edi. Ollo taolo, paygʻambarimiz, shariatimiz haqi, ont ichurman, taqsirlar,— qori bir zum sukut qilib, ulamolarga bir-bir qarab chiqdi,— pok vijdon ila qayd eturmanki, ulamolarga e’tiqodimiz buyukdir, janob Saidahmadxon,— Anvar qori boyga murojaat etdi,— xalqimiz bid’at, xurofot botqogʻida qolib borur, buning boisi nedur? Ilm-urfondan mutlaqo mahrum, nodonlik-gumrohlikka muttasil gʻarq boʻlmishlar. Millatimizning bu jarohatlariga davo izlaylik, shafqat qilaylik! Ulamo hazratlar bizdan aslo ranjimasinlar,— dedi qori dadil ohangda, — bu masalalar xususida bir oz ogʻiz ochsak, maktab, madrasalarga bir oz isloh kiritaylik desak, hazratlar oʻta mutaassiblik ila ziddiyat koʻrsaturlar. Istambulda dorilfunun bor. Turkiyaning Anqara, Izmir kabi shaharlarinda yangi usul maktablar ochilmish. Arabistonga bir nazar tashlang: Qohira, Iskandariya, Damashq, Bagʻdod shaharlarining barchasida dorilfununlar, maktablar bisyor emish. Janoblar, ahvol shundoq. Turkiston viloyatida maorif mash’ali yoʻq, xalqimiz hayoti tom zulmat. Eski maktablarimiz gʻoyat qoloq. Holimiz foje va ayanchli. Uncha-muncha taraqqiyparvar ziyolilar, jadidlar paydo boʻlib kelurlar. Bular ham shariatimizni, qur’oni sharifni muqaddas bilurlar, inchunun maktab ishlariga gʻamxoʻrlik koʻrsaturlar. Ulamo hazratlar, muhtaram boylar, ziyolilar, jadidlar orasida birlik lozimdir. Ayni eamonda maktab-madrasalarimiz isloh talabdir.

Hujra eshigida, tashqarida, bir toʻda shogirdlar turardi. Ular ba’zan eshikni qiya ochib, tagʻin yopar, oʻzaro ivir-shivirlashib qoʻyar edilar.

Ulamolar qovoqlari soliq, yerga boqib, sukutda oʻtirardilar. «Izoh»ning kotibi muloyim ohangda sekin soʻzladi:
— Jadid atalmish kimsalar paydo boʻldi, mayli, oʻzlarini muqaddas islom bayrogʻimiz ostiga olsalar, qarshilik koʻrsatmaylik, birgalashib millat uchun jon kuydiraylik. Turkiya va Arabiston yaqin doʻstlarimizdir. Gʻoyamiz, iqbolimiz, maslagimiz birdir. Ayni zamonda vazifalarimiz zoʻr va mas’uliyatlidir. Ollo taolo oʻzi karam etsin!

Ulamolar jinday yumshadilar. Ulardan baland boʻyli, sersavlat, ellik besh yoshlardagi biri mugʻambir koʻzlarini Anvarxon qoriga tikanday qadadi:
— Islom bayrogʻi ostida birlashuvga e’tirozdan ojizmiz. Din uchun, iqbol uchun, muqaddas vazifalar uchun jonimiz fido!— dedi keskin ravishda hayajondan qizarib.

Sadriddin a’lam, odati boʻyicha, koʻzlarini yerdan olmagan holda shoshmasdan mingʻillab soʻzlashga kirishdi. «Jadidlar orqadan dinga rahna solib yururlar», deya turli dalillar koʻrsatishga oʻrinib, uzoq gapirdi. U ichida Anvar qorini aqlli, tadbirli, hushyor, olamdan xabardor, deb oʻylaganidan, har nechuk tixirlik qilsa-da, asta-sekin boʻshashdi:
— Islom dini pok va ulviydir. Ulamolar din homiysi, xalq yoʻlboshchisidirlar. Modomiki, shundoq ekan, ziyolilar, boylar — barchasi ulamolar bilan inoq boʻlib, ulamolarga aslo shak keltirmay birlashsalar, shoyad xalq boshidagi tashvish va kulfatlarni, tangrining qudrati ila daf eturmiz. Uhoʻ-oʻhoʻ,— deb bir-ikki yoʻtaldi a’lam, tagʻin asabiy holda boshini koʻtarib, qoriga qaradi:— Janoblari ogoh boʻlsinlarki, xoin jadidlarning shallaqiliklari haddan oshgani hamon sad chekurmiz. Toshboʻronni bilurmisiz? Turkiston oʻlkasiga, bandalariga qudratli tangri rahm qilsa, oʻzi nur ato etur!
— Pok vijdonimda zarra shubha yoʻq, hazratim!— dedi qoʻllari koʻksida ta’zim bilan qori.— Ollo haqi, aslo shak keltirmagaysiz...
— Taqsirlar,— dedi Saidahmadxon avval ulamolarga, soʻngra a’lamga murojaat etib,— gʻalva-mojaro, nizolarga barham beraylik. Alhamdulillo, barchamiz musulmonmiz, bizni shariat yoʻlidan siz olib borursiz. Lekin eamonamizning talabiga muvofiq, qori afandi aytganlariday, qitday isloh bilan maktab-madrasalarga ilmi hisob kiritmoq gunoh boʻlmas, deb oʻylaymiz. Taqsirim, menga ijozat bersinlar, tijorat ishida har bir daqiqaning qimmati gʻoyat zoʻr,— dedi boy va pixillab oʻrnidan qoʻzgʻaldi.
— Choy, choy lozim edi, afsuski faromush boʻlibmiz,— dedi Sadriddin a’lam oʻrnidan turar ekan.
— Tashakkur!— dedi boy qulluq etib, ulamolar bilan xayr-ma’zur qilib va qoriga koʻzini qisib zimdan imo bilan boqdi-da, hujradan chiqdi.

Ulamolar ham hovliga chiqdilar. Saidahmadxon va Anvarxon qori tagʻin qulluq qilib, ulamolar bilan qayta-qayta xayrlashdilar va koʻchaga qarab asta yurdilar. Koʻcha eshik oldida ikki talaba «Assalomu alaykum!» deb ta’zim bilan salom berdi. Anvarxon qori toʻxtadi, qoʻl berib, har ikkisi bilan koʻrishdi. Boy «Vaalaykum...» deb oʻtib ketishni moʻljallagan boʻlsa-da, noiloj toʻxtadi.
— Bu kishining zehni olmos, yuragi pok, dardi ilmda,— dedi qori boyga Umaralini koʻrsatib.— Qani shunday chanqoq yigʻitlarga ilm bulogʻini ochib yuborsak. Bunisi esa mashhur yalqovlardan,— dedi kulimsiragan holda qori.— Tarbiya bilan balki epga keltirib boʻlur, deyman, jinday zaharligi ham bor.
— Shogirdlarni miridan-sirigacha bilasiz-da, qari janoblari. Sabr-matonat bilan ilm va dinni chuqur oʻrgansalar, axir bir kun muddaoga yetadilar,— dedi boy gerdayib.
— Koʻp yaxshi gapirdilar, qori hazratlari. Maroq bilan tingladik, aytganlaringiz barchasi haqiqatdir. Ilmga tashnaligimizning ta’rifidan til ojiz...— dedi Umarali ta’zim bilan qoriga murojaat etib.— Hujradagi suhbatni eshik orqasidan eshitdik. Afv etgaylar,— jilmaydi yigit.

Umarali yigirma uch, yigirma besh yoshlarda, baland boʻyli, oqishdan kelgan, kelishgan yigit. Uning keng peshanasi, yirik koʻzlaridagi fikr va aqlning teranligi ichki ruhiyatidagi goʻzallikni koʻrsatardi. Egnidagi juda sodda, hatto faqirona, lekin toza kiyimi ham, boshidagi qunt bilan oʻralgan knchkina oq sallasi ham juda yarashgan.
— Talabalar moddiy va ma’naviy ahvolining shu tobda gʻoyat chatoqligi — barchamizning dilimizdagi jarohat. Uning davosini axtarmoq, shifosiga erishmoq koʻngillarimiz orzusidir, inim,— dedi qori Umaraliga muloyim boqib.
— Har ishda sabr-qanoat lozim, janob Anvarxon, musulmonchilik asta-asta,— dedi shoshganidan toqatsizlanib Saidahmadxon.

Umaralining sherigi, qori, yalqov, deb tanishtirgan shogirdi, Xurram mirzo koʻzlari ola-kula, koʻsaroq, qarimsiq, pakanagina yigit edi.
— Boy aka!— dedi Xurram mirzo Saidahmadxonning pinjiga suqilib.— Nomim Xurram, doʻstlarim erkalab «Tanbal» deydilar. Lekin arab tilida madrasa ahli orasida oldimga tushadigani yoʻq. Oʻqtin-oʻqtin shu makonda dilim siyoh boʻlib ketadi-yu, bitta-yarimta chapani ulfatlarim oldiga borib jinday may yoxud bang bilan koʻngil ochaman. Shundoq, boy aka, mendek faqirga zigʻirday shafqat va ehson koʻrsatsalar. Davlatingiz bundan ham ziyod boʻlgay.
— Obbo, nafsi buzuq, sira bu qiligʻingni qoʻymading!—dedi ranjib shogirdlardan biri.
— Falokat, pismiqsan, nariroq tur!—dedi Xurram mirzo toʻngʻillab.

Qori bilan Umarali kulib yuborishdi.
— Serzavq koʻrinasan, ertaga hovliga bor, gaplashamiz, xoʻpmi?— dedi boy kekkayib.

Xurram mirzo qayta-qayta bukilib ta’zim qildi. Anvarxon qori bilan Saidahmadxon. koʻchaga chiqqach, darvoza oldida uchragan shilpiq koʻzli cholga: «Chilim, tez chilim!» dedi sabrsiz holda.
— Jonim oʻrgilsin sizdan, boy aka, chilim, mana!— Chilimni shoshilib boyga tutdi chol.

Saidahmadxon chilimni bir-ikki uzun-uzun tortdi va «ol!» deya bir chaqani tashlarkan, chol bukilib qoʻl qovushtirdi.
— Ulamolarning dilini ogʻritmang, janob qori, inoqlik bilan ish koʻrsangiz, yutasyz. Ulamoning qudrati zoʻr, tegajaklik qilmang,— oʻgit bergan boʻldi Saidahmadxon miyigʻida kulib.
— Ulamolarga hurmatimiz cheksiz,— javob berdi qori, lekin...

Birdan qorining soʻzini kesdi Saidahmadxon:
— Gorodga chiqmaymizmi?
— Tashakkur!—dedi qulluq qilib Anvarxon qori.— Matbaaga kirishim zarur, bir risola bitgan edim, shuning nashriga doir jinday yumush bor. Kitobdan avvalo sizga hadya etajakman.

Boy qulluq qildi:
— Indinga bizning hovliga marhamat etsinlar, suhbatlashamiz.

Qori: «Albatta borurman», deb xayrlashgach, Saidahmadxon faytonga oʻtirdi.
— Zavodga!— buyurdi boy izvoshchiga.

II

Fayton yurib ketishi bilan, Anvar qori qaytib madrasaga kirdi va Umarali hujrasi tomon yurdi.

Umarali ehtirom bilan qorini yolgʻiz kichkina koʻrpachaga oʻtqazdi.
— Saidahmadxon paxtachi boylar orasida eng e’tiborlilaridan. Rus fabrikantlar ham yaxshi taniydilar,— dedi qori peshanasini uqalab.
— Bilaman, lekin gʻururi ham xiyla baland,— dedi Umarali qorining qarshisiga — quyiga choʻkkalab.— Ilmga tushunmaydigan, qadri-qimmatiga yetmaydigan maxluq hammasi.
— Boylar koʻpaymoqda, bu yomon emas. Ularni tashviqot-targʻibot bilan taraqqiyparvarlik yoʻliga solish bizning vazifamiz. Millatning ahvoli fojedir, buni boylarga tushuntirmoq bizning burchimiz. Avvalo boylarni gʻaflat uyqusidan uygʻoturmiz, soʻng ular bilan birgalikda millat gʻamini koʻrurmiz. Inim Umarali, bu gʻoyat mushkul ish, lekin millatning koriga yaraydigan odamlar — boylar. Ulamo hazratlarning jadidlarga zidligi avjga minmoqda, bilmadim, oqibati ne boʻlur.
— Janoblari hargiz ifrot, ehtiyot boʻlsinlar! Bularning siri faqiringizga koʻp ayon,— dedi Umarali tovushini pasaytirib.— Haqiqiy din homiylari boʻlmish ulamolarga hurmatimiz komil, afsuski, ashaddiy nodon mutaassiblar ham bor, ularga tob berish mushkul.
— Zinhor mashaqqat chekmang, inim,— dedi qori va kulib yubordi.— Saidahmadxon boʻlmasa edi, ulamolar yeb qoʻyardilar meni. Toshboʻron, deb doʻq qildilar, eshitdingizmi?
— Aql sohibining soʻzi emas, albatta, tangrim oʻzi saqlasin sizni. Ammo janoblari amin boʻlsinlarki, bular orasida "har qanday qabihlikdan bosh tortmaydiganlar bor.
— Modomiki shundoq ekan, biz kezi kelganda jasurlik, kezi kelganda muloyimlikni ishga solib, gʻolib chiqurmiz,— dedi Anvarxon qori. Keyin bir oz sukutdan soʻng davom etdi:— Bir kun sizni Saidahmadxonnikiga olib boraman. Ha, boyni yoqtirmadingizmi?
— Ularning ziqligi tagʻin, bay-bay-bay, takabburligini, gʻururini aytmaysizmi? Aslo toqatim yoʻq!— nazokat bilan jilmaydi Umarali.

Hayotning mushkulliklari, muammolari haqida qori uzoq gapirdi. Umarali koʻnglini ezgan hasratlarini gapirdi. Otasi koʻpdan vafot etganligini, onasi har kimning eshigida yumushda yurganligi, yolgʻizgina singlisi jiyak tikib tirikchilikka yordam berishga majburligi haqida dard bilan soʻzladi.
— Men boʻlsam, ilm gadoyi boʻlib madrasada yuribman. Onam bilan singlimni oʻylasam tunlari koʻzlarimga uyqu qoʻnmaydi...

Anvarxonning koʻngli ezilgan edi, qarshisida oʻtirgan, ruhan siqilgan yigitning ahvolini yaxshi tushungan edi. Uzoq sukut qilgach, yupantiruvchi, muloyim tovush bilan dedi:
— Inim Umarali, modomiki onangiz, singlingiz roʻzgʻorni qiyinchilik bilan boʻlsa-da tebratib turur ekanlar, sabr qiling, tahsilingizni bir nuqtaga yetkazing. Har bir tunning bir kunduzi boʻlgani kabi, hayotingizning ham kunduzi kelur. Ilm shami yoʻlingizni yoritur. Inshoollo, muddaongizga yetursiz.
— Faqirlikning podshohlikdan ulugʻligiga aminman, janoblari!—dedi yengil tortib Umarali.

Shu tobda birdan eshik ochildi, talabalardan biri hujraga boshini tiqdi:
— Doʻstim, tez chiq, mudarris dars boshladilar, lekin juda fe’llari aynagan.

Qori oʻrnidan turdi:
— Bizga ijozat bering, siz ham darsdan qolmang, ilmning durlari behuda sochilmasin!

Umarali arabcha bir kitobni qoʻltigʻiga tiqib, qori bilan birga hovliga chiqdi, uni eshikka qadar kuzatgach, nazokat bilan xayrlashdi:
— Janoblari koʻnglimizni va hujramizni nurga toʻldirdilar. Ming qatla tashakkur, tez-tez koʻrmoqni orzu qilardim...— dedi va qorini joʻnatib, darsxonaga yugurdi.

Uchinchi Bob

I

Shokir ota doʻkoniga Tulki tilmoch oʻzining qimorboz, bezori doʻstlaridan bittasini ergashtirib kirib keldi. Tulki tilmochning asli ismi Bozorboy boʻlsa-da, bu ismini koʻplar bilmas, «u koʻpdan ayyorligi, quvligi sababli orttirgan «Tulki tilmoch» laqabi bilan hammaga ma’lum edi. Oʻzi ham oʻrganib ketgan, mabodo birov: «Ismingiz nima?» deb soʻrasa: «Ismim Tilmoch, ishim ham tilmochlik, bu hunarda oldimga tushadigan kimsa yoʻqligidan meni Tulki tilmoch, deydilar!» deb gʻurur bilan javob berardi. U uzun boʻyli, xodaday besoʻnaqay, beoʻxshov kishi. Oʻzi qirqlarga endi kirgan boʻlsa-da, qop-qora terisi suyaklariga yopishgan, yuzlari tirish, u yoq-bu yoqqa qarab soʻrraygan yirik tishlari churuk. Katta ola-kula koʻzlari qinidan otilib chiqadiganday, ayniqsa, gʻilayligidan juda ham xunuk. Shuning uchun ham Tilmoch hamisha qora koʻzoynakda yurardi. Bular yetmagandek, tagʻin pastki jagʻi oldinga chiqqan, pastki labi ham osilib turar edi. Tulki tilmoch Shayxantahur qozisi oldida tilmochlik qilar va oʻzining kasbidan nihoyat magʻrur boʻlganidan, mahallasidagi kosib, boʻzchi, temirchi va boshqa kasb egalarini pisand qilgisi kelmas, faqat ellikboshi, boy-boyvachchalarga quyuq salom berar edi. Oyogʻida etik, egnida uzun trinka kamzul, koʻkragida soatining uzun yoʻgʻon zanjiri.
— Ehe, boboy, hormang, ishlar qalay?— dedi Tulki tilmoch doʻkon chetidagi namatga oʻtirib va imo bilan yonidan doʻstiga joy koʻrsatdi.
— Kelinglar,— dedi Shokir ota noxushgina tovush bilan, ensasi qotgan holda.

Tulki tilmoch u yoq-bu yoqdan bir qadar gap aylantirdi. Shokir ota uncha roʻyxush bermaganini payqaganidan gapning poʻskallasini aytdi qoʻydi:
— Unsin qalay?—soʻradi tishlarini tirjaytirib. — Oho, ana endi kelding oʻzingga!— dedi qimorboz qalin lablarini yalab.— Goho oy qizingiz, boboy, guzardan paranjida oʻtib qoladi. Suluvligi sochvon tagidan ham bilinadi, orqasidan termilganimcha qotib qolaman... Oʻrtanib ketaman. Olay shu qizni, deymanu, lekin kambagʻalman-da, hamyonda hemiri yoʻq, qani iloj...
— Bas-bas! Yoʻqol, ablah!— jahldan boʻgʻilib baqirdi chol.

Qimorboz Shokir otaning soʻzini pisand ham qilmadi, kissasidan xaltacha chiqarib, eski qogʻozga maxorka oʻradi, tishlari orasiga qistirdi, doʻkonning burchak-burchaklariga alanglab qaradi:
— Doʻkonning ozodaligiga qara, Tulkibek, isqirt cholning omadi...

Shokir ota oynak ustidan oʻqraydi:
— Bas, yoʻqol deyapman senga, bachchagʻar!
— Xafa boʻlmang, boboy, gapga quloq soling,— dedi Tulki tilmoch ayyorona kulib.— Yaqinda Saidahmadxon boyning mehmoni boʻldim. Boylarning sarasi ekakligini bilasiz. Shaharning obroʻli boylari, kattakonlari koʻp edi. Dasturxonga holva-yu asal, kabobu mantilarni toʻkib tashladi. Boylardan bittasi: «Yoʻlchi oʻldi-yu, lekin hanuz tinchimadik, ishchilar, masterovoylar suvni loyqatyapti», deb qoldi. Darrov soʻzni men oldim: «Yoʻlchi ham, masterovoylar ham barchasi bir goʻr, albatta, tezda oldini olish kerak. Lekin Yoʻlchining farishtaday bir singlisi bor, bir mahsidoʻz cholning qoʻlida, qiz ham kosiblikda farang, tikkan mahsilari misoli bir gul», dedim. Boyu boyvachchalar hayratda qotib qolishdi.

Shokir ota ishdan toʻxtab, koʻzoynagini peshanasiga koʻtardi:
— Yoʻlchining arvohini tinch qoʻy, til tegizma! Yoʻlchi mard, sher yigit edi, dunyoga bir keldi, bir ketdi. Singlisi kamtar, mehnatkash bir qiz. Husnda Toshkentning toʻrt dahasida tengi yoʻq. Lekin hali yosh, yigirmaga kirsin, kichik akasi Elmurod kelsin, rabochilikda yuribdi... Unga, oʻziga munosib, boadab, aqlli, yuvoshgina kuyov topamiz.
— Boboy, siz mening soʻzimga kiring, Unsinni menga topshiring. Bizning xonadonda supurish-sidirishdan boshqa ish yoʻq, pishirish-kuydirish keliningizdan ortmaydi. Keng-moʻlchilik, yayrab yuradi, gulday asrayman, zinhor qaytarmang soʻzimni. Katalakday hovlingizda diqqinafas boʻlib, mehnatda chaqilib oʻtiribdi, insof qiling, qariya! Rahmim keladi, bir savob ish qilay, deyman.
— Xoʻp, deng, boboy!— dedi maxorkaning tutunini burqsitib qimorboz.— Men-ku muttaham qaroqchi, xullas, rasvo odamman, aybim shu... Uylan, uylan, deb xudoning bergan kuni kampirim qulogʻimni bitiradi... Endi, boboy, siz tixirlik qilmang, qizni Tulki tilmochga bering, mahsi tikish qiz bolaga oson yumush emas, sil boʻladi-ya, bu yogʻiniyam oʻylang-da. Tilmochni bekorga Tulki demagan odamlar, bir boy kuyov topadi, qarab turing, choʻtal beramiz sizga!.. Xo-xo-xo!

Shokir ota qarshisida oʻtirgan bezorilarning tegajakligidan, shallaqiligidan xunob boʻlgan va qahrlangan esa-da, indamadi. Tulki tilmoch tagʻin gapga kirishdi. Poʻpisa ham qildi, yalinib ham koʻrdi, lekin cholni sira koʻndira olmadi.
— Befoyda gap bilan tilingni koʻp qayrayverma!— baqirdi Shokir ota oʻrnidan turib.— Falokat, sherigingni oldingga sol! Daf boʻllaring!
— He, qari taka!— dedi qimorboz Tulki tilmoch orqasidan koʻchaga chiqa turib.— Bir kun pushaymon boʻlmagin, deyman, Tilmochning qozi kalonday tirgovuchi bor, bilib qoʻy.
— Aljirama, joʻna!—haydadi boʻgʻilib Shokir ota va doʻkonning koʻcha eshigiga shaqirlatib zanjir sola boshladi.
— Voy oʻlay, nima gap, otajon? Nima shovqin? — ayvonga chiqadigan eshik orqasidai soʻradi tashvishli ovoz bilan Unsin.
— Gap koʻp, qizim, tura tur!— dedi chol yoʻtalib.
— Oh, ovozingdan!..— dedi qimorboz behayo shivirlab, Unsinniig tovushini eshitarkan.
— Tinchlikmi, otajon?— tagʻin soʻradi Unsin sabrsizlanib.
— Qarab tur! Baribir qizni axir sugʻuramiz iningdan. Churuk uyingga hayf shunday farishta!— dedi qimorboz koʻchada mushti bilan poʻpisa qilib.

Chol asabiylashgan holda uyga kirgach, boʻlgan voqeani Unsinga gapirib berdi.
— Qoʻying, kuymang, otajon, xudoyim butun doʻzaxni u muttahamlar boshiga agʻdarsin!—dedi Unsin cholga taskin berib va tagʻin ishini qoʻlga oldi.

II

Saidahmadxon zavoddagi torgina kontorasida stolga ogʻir gavdasini tashlagan holda pishillab oʻtirar, qarshisida nozik qomatini alifday tutib Eshonxon turar edi.
— Qani aytgan paxtang, yoʻq-ku?— soʻradi zarda bilan boy.
— Kelib qolar, yoʻl uzoq, boy aka,— javob berdi Eshonxon.
— Tur, mexanikni chaqir, yoʻlakay choy ham ola kel,— buyurdi boy.

Zavodning mashina boʻlimidan, devning qalbi kabi, gurs-gurs uzluksiz zarb eshitilib turadi. Zavod Parkent koʻchaning pastqam bir joyida, aholi kam yashaydigan yerda. Kontoraning derazasidan tollar, qayragʻochlar koʻrinadi, koʻcha botqoq, yoʻllar yomon. Paxta tashiydigan aravalar yozda tuproq bulutiga koʻmilsa, qishda botqoqqa choʻmiladi. Aravakashlar «hay-hay», «chuh-chuh» deya shovqii bilan koʻchani boshga koʻtarar edilar.

Eshikdan qoʻlida choynak Eshonxon va mexanik Arkadiy Petrovich kirib keldilar. Mexanik ellik yoshlardagi soqoli kalta, charm kamzul kiygan kishi edi.
— E, Arkadiy Petrovich, keling-keling, salomatmisiz, ishlar yaxshimi?— dedi boy oʻtirgan joyida va qarshidagi oʻrindiqni koʻrsatdi.
— Salom, ishlar yomon emas, joyida,— javob berdi mexanik oʻrindiqqa oʻtirib.
— Eshitishimga qaraganda zavodda, ishchilar orasida sartlardan, machchoyilardan bir guruh yalangoyoq buzuqlar, gʻalamislar, yoʻldan urarlar paydo boʻlibdi. Koʻzingiz yoʻqmi, bu qanday noma’qulchilik?!—asabi tutganidan qizarib soʻradi boy.
— Siz qizishmang,— dedi muloyim, vazmin tovushda mexanik.— Barchalari mehnatkash, azamat yigitlar, bir, zum qaddini rostlamasdan qanor-qanor, toy-toy paxtani kun boʻyi tashiydilar. Noroziligingizning sababini tushunolmadim, boy?
— Suvni loyqatib, sodda mehnatkash yigitlarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib yurganlar bor emish ishchilar orasida,— dedi boy oʻzini bir oz bosib.
— Ax, bor emish deng... Unday mish-mishlarga men ishonmayman, lekin men ishlaydigan mashina boʻlimida ish bir sekund ham toʻxtagani yoʻq, xoʻjayin. Presslarga quyilib turgan paxta daryosi, presslardan dumalab chiqayotgan toy-toy paxtalar bir nafas tingani yoʻq. Bundan ortiq yana nimani talab qilasiz?— Mexanik boyga tikilib qaradi.
— Zavodning ishi ketyapti, bunga aminman, lekin haligidek men aytgan buzuqilar oralab yurgan boʻlsa, bizga koʻp ziyon yetadi. Mening sizdan talabim — har ishning oldini olish lozim, siz ham koʻz-quloq boʻlib yuring. Hushyorlik kerak, oq podshoning yoʻlidan yurish kerak.

Arkadiy Petrovich indamadi-da, bir oz sukutdan soʻng oʻrnidan turdi.
— Men boray, mashinalarni nazoratsiz qoldirib boʻlmaydi, men ularning koʻz-qulogʻiman,— dedi va tez yurib chiqib ketdi.

Saidahmadxon choyni erinchoqlik bilan hoʻplab, nimanidir oʻylab jim oʻtirardi.
— Boy aka,— dedi Eshonxon Saidahmadxon uzatgan piyolani ola turib,— bu mexanik, texniklaringizga ishonib boʻlmaydi, musulmon ishchilarni yoʻldan urib, aql oʻrgatayotganlar shularning oʻzlari!
— Sening aqling balo! Bitta senga ishonaman, mirza Eshonxon!— dedi boy uzun homuza tortib.— Ha, aytgandek, bugupdan boshlab Smirnovga paxta berishni toʻxtatdim. U padar la’nat kam narx bilan olib, zoʻr berib Maskov-Petrga joʻnatyapti, foydani u qilayotibdi. Kelsa, bermanglar, xoʻjayinga uchrash, denglar, uqdingmi?
— Xoʻp, boy aka! Egriga egri boʻling, deyman-ku hamisha sizga. Lekin ishni zimdan qilish kerak. Qoʻpollik yaramaydi. Paxtachi boylar, protsentchilar bilan gʻoyat nozik muomalada boʻlmoq lozim. Ular dehqon qiynalib turgan paytni poylaydi, qarzga pul beradi-da, shartta boplaydi qoʻyadi, siz qolaverasiz. Mana shunga dogʻman. Siz ijozat bering, men pinhon ish qilay: daladan paxtani toʻppa-toʻgʻri zavodingizga oqizib beray, hamma raqiblaringiz dogʻda qolsin! Ana shunda ularni hurjunga oʻtqazamiz.
— Haqiqatan, mirza, dagʻalligim bor,— kuldi boy.— Mayli, oʻzing hamma ishga razm solib yur. Zamon juda loyqalanib ketyapti, hali qarasang u boy sinibdi, hali bu boy... Paxtachi boylarning orasida eng beli baquvvati, qoʻli balandi oʻzim boʻlsam ham, ba’zan xayolga ketib, choʻchib qolaman.
— Iqbolingiz baland, sira qoʻrqmang, taqsir!— dedi Eshonxon oʻrnidan turgan Saidahmadxonning yelkasiga pochapoʻstin yopib.
— Men ketdim. Eshon, aravakashlar, pul, deb kelsa, hayda hammasini, bugun pul yoʻq, degin. Uqdingmi?
— Uqdim, uqdim, boy aka!— dedi Eshonxon ta’zim bilan.

Boy ogʻir qadamlar bilan ayvonga chiqdi, bir zum toʻxtab, zavod tomonga, keng hovlidagi brezent yopilgan togʻ-togʻ toy paxtalarga nazar tashlagach, toza yuvilgan faytonga oʻtirdi:
— Hayda!— buyurdi izvoshchiga.
— Boy aka, qayerga?— soʻradi izvoshchi uzun qamchini baland koʻtarib.
— «Regina»ga!— dedi boy faytonning yumshoq yostigʻiga yaslanib.

Fayton zavodning katta darvozasidan koʻchaga chiqqach, balchiqni sachratib, uchib ketdi.

III

Eshonxon boyni joʻnatgach, qaytib kontoraga kirdi. Bir oz choʻt qoqib, har kungidek hisob-kitob qildi. Keyin tashqariga chiqdi, pul kutib turgan aravakashlarga, birini soʻkib, biriga doʻq qilib, qoʻpol muomala qildi. Aravakashlarning ba’zi keksaroqlari yalinib koʻrishdi, oʻspirinlari soʻkishdi, ba’zilari indamasdan xoʻmraygancha joʻnashdi. Aravakashlar har vaqt Eshonxonni: «Boy akamning iti!» deb soʻkar edilar. Eshonxon buni bilar va ichida: «Shoshma, xap senlarnimi!» deya yonib yurar edi.

Eshonxon zavod ichiga kirdi, paxta tashiyotgan ishchilarni tergab, har ishdan chalkash topib, bir qanchalarini xafa ham qildi:
— Hoy, anqov, qoping yirtiq, koʻzing koʻrmi?
— Hoy, tojik, hangamangni bas qil, tez-tez qimirla!

Oʻrta yoshli moʻmingina bir ishchini toʻxtatdi:
— Ishlar qalay?— soʻradi poʻngʻillab Eshonxon.
— Labbay, xoʻjayin, xizmat?—soʻradi ishchi katta qanor paxta ostidan ikki bukilgan holda.
— Hozir ishingdan qolma, ishdan chiqqach, oldimga kir, gap bor.
— Xoʻp, xoʻjayin, xoʻp!— dedi ishchi va inqillaganicha qiltiriq oyoqlarini bir-bir bosib, qanor tagida bukilgancha ketdi.

Eshonxon koʻksini baland koʻtarib, gerdaygan holda samovar tomon yurdi, lekin u yerga yaqinlashganda yana bir ishchini toʻxtatdi.
— Hoy, falokat, ichganmisan? Toʻxta-chi! Koʻzlari qiyiq, koʻsa ishchi oqarib toʻxtadi.
— Xoʻjayin, zinhor koyimang, ichganim yoʻq...— dedi ishchi oʻzini chetga tortibroq.
— Bachchagʻar, koʻrib turibman-ku!— baqirdi Eshonxon. Ishchi indamadi, zavod tomon tez yurib ketdi.
— Keling-keling, xoʻjayin!— qarshi oldi Eshonxonni samovarchi — bir koʻzi gʻilay, semiz, pakana kishi.

Kichkina, iflos choyxona oldida uch-toʻrtta toʻrqovoq osigʻliq turardi. Bir-ikki ishchi yirtiq namat ustida choy ichib, gaplashib oʻtirardi.

Eshonxon choyxonani, u yerdagi choyxoʻrlarni bir oz koʻzdan kechirgach, asta turib, yana kontora tomonga ketdi.

IV

— Tuzukmisiz, onajon?— soʻradi Umarali xasta yotgan onasining peshanasidan mehr bilan oʻpib.

Oʻgʻlini hamisha sogʻinch bilan kutuvchi Hilol buvi sevinganidan darhol yostiqdan boshini uzdi:
— Oʻtir, tanchaga oʻtir, bolaginam, ranging oʻchibdi, sovuq-da... Oʻtira qol!
— Urinmang, yoting, oyi...— dedi Umarali onasining yuzini silab. Boshidan sallasini olib, qoziqqa ilgach, eskigina doʻppini boshiga kiydi va tanchaga suqildi.
— Jim boʻlib ketding, xabar olay ham demaysan. Bilasan-ku, yoʻlingga koʻz tikib oʻtiraman... Kechiksang tashvish tortaman,— shikoyat qildi ona soʻniq, gʻamgin tovush bilan.
— Oyi, madrasa jafosini chekib yuribman...— javob berdi Umarali muloyimlik ila.
— Mayli, oʻgʻlim, tahsilingga gʻov boʻlmayman aslo. Ehtimol, masjidga imom boʻlarsan... Birpasgina boʻlsa ham, ora-chora koʻrinish berib, notavon koʻnglimni tinchitib ketsang boʻlgani...

Hilol buvi majolsiz gavdasini bazoʻr rostlab, yostiqqa suyandi. Eski peshanabogʻni qoshlariga tushirib bogʻladi. U oʻrta boʻyli, jikkak gavdali, qoramtir kelgan, koʻhlikkina xotin edi. Burushiq yuzida va gʻamgin koʻzlarida ona muhabbati, samimiy yurak mehri balqir edi.
— Izgʻirinda ayvonda yotibsiz, uyga kirsangiz boʻlmasmidi?—soʻradi Umarali onasining orqasidagi yostiqni tuzatib.— Koʻchirib qoʻyaymi?
— Yoʻq, jonim, yoruqqina ayvon tuzuk menga, uyda nafasim tiqilib ketadi.

Umarali buni bilardi. Hilol buvi uncha-muncha yomgʻir-qorni pisand qilmas, qishning qahraton chillasidagina tanchani uyga koʻchirar va sovuq boʻshashgan hamon, koʻklam daragi kelmasdan, tagʻin ayvonga koʻchib olar edi.
— Ogʻriq qoldimi, uyqungiz qalay?— soʻradi Umarali onasining rang-roʻyiga razm solib.
— Bilmayman, bolam, qanday bedavo dardga chalindim, na uyqu bor, na ishtaha. Koʻkragimning sanchigʻi sira qolmaydi,— javob berdi ona xasta tovush bilan.

Umarali indamadi, u onasining ahvoliga ich-ichidan qaygʻurar, tabib chaqirsammikan, deb oʻylar, puli yoʻqligi dilini ezar, onasidan yoki singlisidan pul soʻrashga tili bormas edi.
— Jamila koʻrinmaydi, qayoqqa ketdi?—soʻradi Umarali hovliga, oʻchoq boshiga koʻz yugurtirib.
— Jiyaklarini Oynisa buvisiga olib ketgan edi, kelib qolar. Qiz boyaqishga qiyin boʻldi... Men yotib qoldim...— dedi Hilol buvi va shu on oʻgʻlining yuzidagi gʻam koʻlankasini sezib, soʻzini boshqa mavzuga burdi:—Qoʻshnilardan hali unisi, hali bunisi holimni soʻragani chiqib turadi. Jinday gaplashamiz. Shu kecha-kunduz turli-tuman mish-mishlar koʻpaydi. Xudoga yolvoraman, oʻzi asrasin seni. Bagʻrimda boʻlsang, koʻnglim tinchroq boʻlarmidi, Nima gap oʻzi, nega zamon chayqalib qoldi? Madrasadasan-ku, oʻgʻlim, gapir, senga hammasi ayon boʻlsa kerak, tushuntir men gumrohgayam. Nima boʻlyapti? Oʻylab aqlim yetmaydi sira.

Umarali kulimsiradi.
— Sira tashvish tortmagaysiz, oyi, men tinchman, tahsil bilan mashgʻulman,— dedi onasini yupatib.— Mish-mish gaplarga e’tibor bermang. Eshitishimga qaraganda, Rusiya askarlari urushdan bosh tortishayotganmish. Lekin tirikchilik mashaqqati haddan ziyod, xalqning ahvoli borgan sari xaroblikka ketyapti.

Eshik gʻirch etib ochilib, Jamilaning ovozi jarangladi:
— Voy, akam keliptilar! Muncha sogʻintirasiz!— Qiz paranjisini ayvon chetiga uloqtirib, akasini quchoqladi.
— Tanchaga oʻtir tezroq, qizginam, sovqotibsan,— dedi Hilol buvi.

Umarali singlisini erkalab, hol soʻrashgach, yoniga oʻtqazdi va tanchaning olovini ochish uchun kurakchani izladi.
— Qoʻying, bezovta boʻlmang, aka, oʻzim ochaman olovni,— dedi Jamila va oʻchayozgan qoʻrning ustidan kulni tortdi.— Jiyak oʻlgur suv tekin ketdi, esiz mehnatim. Buyam mayli-ya, nasiyaga olib qoldi Oynisa xola, puli yoʻq ekan.— Tancha ustidagi choynakni boshiga koʻtarib sovuq choydan qult-qult yutdi. Keyin roʻmolini yechdi-da, sochlarini tuzatib, qaytadan oʻradi.

Umarali singlisiga ham mehr, ham qizgʻanish hissi bilan termildi. Singlisining ingichka, nozik qoshlari ostidagi shahlo koʻzlarida mung koʻrib, ich-ichidan dard chekdi.

«Nasiya» soʻzini eshitgan Hilol buvi boʻshashib ketgan edi. Bir oz sukutdan soʻng qizini ovutishga urindi:
— Mayli, qyzim, qechqisi yoʻq. Oynisa xolang insofli xotin.— Umaraliga qarab davom etdi;—Popop tikishga shundogʻam chevarki! Toshkanning toʻrt dahasida hech kim unga teng kela olmaydi.— Kulimsirab sirli tovush bilan shivirladi.— Katta oʻgʻli ham popopning piri, mehnatkash yigit, popukday yigit. Singling ham nozanday boʻy yetib qoldi. Xudoyim xohlasa, shu moʻmin-qobil yigit bizga kuyovlikka nasib boʻlarmikan, deb umid qilaman.
— E-e, qoʻying-e!—dedi uyalganidan loladay qizargan Jamila va irgʻib oʻrnidan turib uyga kirib ketdi.

Umarali onasidan ranjidi:
— Erta-ku! Endi oʻn beshga kirdi-ya!
— Kunim bitib, qazo qilsam, singling aro yoʻlda qolmasin, deyman. Koʻzim ochigʻida, joyiga, buyurganiga topshirsam, deyman. Mazam yoʻq, Umarali!.. Keyin, yaxshigina qiz topib, kelin qilsam. Sening ham boshingni ikki qilsam. Aqlli, hushli qiz boʻlsa, obroʻli joydan boʻlsa... Keyin oʻlsam armonim yoʻq,— sukut qildi Hilol buvi, oʻksinganday uzun bir uh tortdi.— Pul yoʻq-da, bolam!.. Bu yogʻini oʻylasam, koʻzlarimga uyqu qoʻnmaydi.
— Qayoqdagi gaplarni aytasiz!— dedi ranjigan Umarali.
— Yoʻq, gapimga quloq os, bolam! Koʻzimning ostiga olib yurgan bir popukday qiz bor. Oti Xursan. Bilasan, oʻzing ham koʻrgansan. Ota-onasi faqirgina odamlar, lekin tagi asil, uzoq chatishgan qarindosh bizga. Qomati raso, oppoqqina, qoshlari qalam, yuzlari anorday, sadagʻasi ketay, chiroyli qiz.

Umarali jilmaydi, koʻzlarida allaqanday bir xayol jilvalandi, ichdan bir uh tortdi.
— Arziydi maqtovga!— dedi u sekin.
— Tadbirli, dono qiz,— dedi ona davom etib.— Oʻqtin-oʻqtin Jamilaning oldiga birrov kelib ketadi.— Hilol buvi bir oz jim qolib, keyin dedi:—Rasmi ozroq pul berish kerak. Oriq boʻlsayam, kichkina boʻlsayam, bitta qoʻy kerak. Taomili shu, bolam. Xayolxonamda gir aylanaman, shunga iloj topolmayman, nochorman...
— Boʻsh xayollar... Qoʻying, dilingizni aslo ranjitmang!— dedi Umarali xomush bir ahvolda.
— Namozgar yaqin, oyi, nima ovqat qilamiz?—soʻradi uydan chiqib Jamila.
— Ugra osh qil, qizim. Koshki edi palov boʻlsa, bolaginamni siylab yuborsam... Goʻsht yoʻq, guruch yoʻq. Mayli, omon boʻlsin, masjidga imom boʻlsin, tangrimdan tilaganim shu...
— Ugrami, umochmi, bari bir, ziyoni yoʻq,— dedi Umarali kulimsirab.

Umarali va onasi uzoq dardlashib oʻtirdilar. Umarali, goh-goh onasining chehrasiga tikilib qoʻyar va uning xastaligiga chuqur qaygʻurar edi.

Jamila choʻntagidan bir hovuch turshak oldi va patnisga tashladi.
— Turshak shiminglar, roʻparadagi qoʻshni Oytosh buvi bor-ku, aka, bilasizmi? Hali oʻtin yorib bergan edim, duo qila-qila esi ketdi, keyin choʻntagimni toʻlatib turshak berdi. Tish sindiradigan turshak, ermak qilib oʻtiringlar,— dedi Jamila va oshxonaga ketdi.

Hilol buvi turshakka qoʻl uzatdi:
— Ha-ya, rangidan bilinib turibdi, toshday ekan.— Qurt yegan turshakdan bitta oldi, ogʻziga solib soʻra boshladi.— Ol, shimib oʻtir,— dedi oʻgʻliga. Umarali ikki dona turshakni qoʻliga olib, «puf-puf» qilib tozalagan boʻldi, keyin shima boshladi.
— Bay-bay-bay, tishni sindiradi, degani rost ekan, lekin mazasi yomon emas,— Umarali jilmaydi.

Ona-bola turshak shimib oʻtirdilar. Hilol buvi namatning chetini koʻtarib, katta bir qayroq tosh oldi, Umaraliga uzatdi.
— Danagini chaqib yegin, ermak.

Shu tobda eshikdan ammasi Buvsara kirib kelganini koʻrgan Umarali, qoʻlidagi qayroqni tancha chetiga qoʻyib, mehmonni qarshi olgani ayvondan tushdi. Ammasini koʻrganidan sevinib ketgan Jamila oshxonadan yugurib keldi.

Buvsara uzoqdan, Qa’nidan horib kelgan edi, paranjisini Jamilaning qoʻliga tashlab, uni quchoqladi, ikki yuzidan oʻpib koʻrishdi, Umaralini ham quchoqladi, Hilol buviga engashib yelkasini tutdi. Jamila darrov uydan koʻrpacha olib chiqib toʻrga soldi, ammasini oʻtqazib, orqasiga yostiq qoʻydi, qarshisiga choʻnqaydi.

Buvsara koʻrpachaga oʻtib oʻtirgach, «Omin!» deb qoʻllarini koʻtardi. Hammalari duoga qoʻl ochdilar. Buvsara shivirlab, yaxshi tilaklar, niyatlarni aytib uzoq duo qildi, hammalari qoʻllarini yuzlariga tortdilar.
— Buvsarabonu, salomatmisiz, pochchamiz, oʻgʻillar, kelinlar oʻynab-kulib yurishibdimi?— soʻradi Hilol buvi.
— Shukur, xudoga ming qatla shukur, aylanay, hammasi salomat, salom deb qolishdi...

Buvsara baland boʻyli, qoshlari payvasta, koʻzlari tiyrak, zuvalasi pishiq, oppoqqina, ellik ikki-ellik uch yoshlardagi ayol edi. U keksaygan boʻlsa-da, koʻzlarining oʻti soʻnmagan, sochida bir tola oq yoʻq, hanuz xushroʻy, unga hech kimsa qirq-qirq ikkidan ortiq yosh bermas edi.

Buvsara gapga tushdi:
— Umarali chirogʻim, bola-chaqa koʻp, tirikchilik gʻamida pochchang boyaqish chaqilib ketdi. Kunimizga yarab turgan yolgʻizgina bir otimiz bor edi, toʻsatdan oʻzini tappa yerga tashlab oʻldi-qoʻydi. Endi peshanamizga tagʻin qachon ot bitadi, narx-navo osmonda...
— E, afsus, bilaman, qizil qashqa, yuvosh ot edi, chakki boʻlibdi,— dedi Umarali achinib.
— Ha, oʻrgilay Buvsara, kelgan balo-qazo oʻshanga ursin, oʻzlaringning tanlaring sogʻ boʻlsin, qattiq kuymanglar, xudoning qahri keladi-ya,— tasalli berdi Hilol buvi.
— Toʻgʻri aytasiz, oʻzim ham shundoq deb pochchangizni ovutaman, lekin oʻylasam yuragim jiz-jiz achib ketadi, Er qanoti — ot! Tushlarim ham shundoq alkash-chalkashki, ertalab hech qasrga sigʻmadim. Sizlarni bir koʻrib kelay, deb yoʻlga tushdim. Qa’niyam juda uzoq-da, hali piyoda, hali aravada, xullas, yetib keldim.
— Yaxshi qilibsiz, ammajon, biz ham sizni sogʻingan edik,— dedi Jamila Buvsaraning kelganiga behad sevinib.
— Mendan xabar olib turganingiz yaxshi, Buvsarabonu,— dedi Hilol buvi dard bilan.— Kundan-kun kasalim zoʻraysa zoʻrayyaptiki, orqaga qaytish yoʻq. Kunim bitib, qazoyim yaqinlashib qoldi shekilli...
— Undoq demang, opogʻoyijon, rangingiz tuppa-tuzuk. Oldingizda qator-qator toʻylaringiz turibdi-ya, parvardigorim oʻzi shifo beradi har qanday dardga!— yupatib gapirdi Buvsara.— Umarali inim, yaxishsi, oʻqtin-oʻqtin oyingizni oʻqitib turing. Oʻqitganda ham tuzukroq domlaga oʻqiting.

Hilol buvi dedi:
— Aylanay sizdan, domlalar bor, lekin nafasi oʻtkirini topish qiyin. Bilmadim, qiyomat yaqinmi, ya’juj-ma’juj kelyaptimi, tavba deyman, domlalardan ham putur ketgan.
— Oʻzim Qa’nidan boshlab kelaman, nafasi judayam davo bir domla bor,— dedi jiddiy tusda Buvsara.

Buvsara arzir-arzimas gaplarni aytib ezmalik qilardi. Umarali boshini quyi solib, jim oʻtirardi. Jamila oʻchoq boshida shoshilib xamir yonib, ugra kesa boshladi.

Havoda yangragan azon tovushi namozgarni eslatdi. Umarali irgʻib oʻrnidan turdi-da, hovliga tushib tahorat olgach, masjidga chiqib ketdi.

Toʻrtinchi Bob

I

Saidahmadboyning mehmonxonasiga ulfatlar liq toʻlgan. Dasturxonda murabbo, asal, xil-xil holvalardan tortib, .goʻshtkuydi somsalar, jazillagan issiq kabob, yaxna kiyik goʻshtiga qadar anvoyi noz-ne’matlar moʻl.

Ulfatlarning aksari paxtachi boylar va bazzozlar. Ziyolilardan Anvarxon qori, Mirzayunusxon, shoir Gʻaribiy bor. Shoir baland boʻyli, qirqlardan endi oshgan kishi. Uning yirik xayolchan koʻzlari, koʻrkam, kalta qora soqoli, egnidagi olacha toʻni, kichik oppoq sallasi — hammasi oʻziga yarashgan. Qalbidagi ishq va she’r bulogʻining jilvasi yuziga toshganday jozibador.

Gʻaribiyning bir yonida mashhur hofiz Mulla Toʻychi oʻtirardi. Bu yuksak nafosat sohibining butun borligʻida yoqimli jozibador ifoda koʻrinar edi. Hofiz va Gʻaribiy yaqin doʻst, bir-birlarining shoirona nozik ruhlarini, she’riyat va musiqiy toʻla qalblarini yaxshi tushunar edilar.

Eshikka yaqin joyda Saidahmadning oʻzi, mahallaning bir necha obroʻli kishilari va shunday oʻtirishlarga hamisha xiralik bilan suqiladigan Tulki tilmoch oʻtirar edilar.

Mehmonlar dahaga kirgan qurtday: birovlar issiq kabobni chaynar, birovlar kiyik goʻshtiga oʻzini tashlagan, birovlar bu taomlarga xoʻp toʻyganidan kekira-kekira pista-bodomni ermak qilar edilar.

Suhbatlar goh qizib, goh uzilib davom etardi.
— Oʻtgan sana zavod qoʻldan ketayozdi. Bankadan jinday qarzim bor edi. Ish bir orqaga ketdimi, oʻngʻarilishi mushkul boʻladi. Qarz degan narsa misoli boʻyinga bogʻlangan bir xarsang tosh botqoqning qa’riga tortadi ketadi... «Saidahmadboy ana sinadi, mana sinadi», deb har daqiqa kutib turgan raqiblar oz emasdi...— Sirli tabassum bilan mehmonlarga bir qarab olgach, davom etdi mezbon.— Bir kun Mirzakarimboyning bogʻida ziyofatda edik. Boy tikka yuzimga soldi. «Qil ustida turibsiz; silliqlik bilan butun chigirni oʻzimiz yechamiz, zavodni bizga bering, taqdirga vaqtida tan berish ma’qul. Yoʻqsa, pushaymon boʻlasiz, janob!» desa boʻladimi! Yuzimga aytdi-ya! Oqarib ketdim. Irgʻib oʻrnimdan turdim-da. «E, balli, boy ota, tashakkur!» dedim, toʻgʻri darvozaga yurdim, orqamdan Hakimboyvachcha yugurdi: «Afv etsinlar, boy aka, padarimiz hazillashdilar. Zavod olish niyatim aslo yoʻq, xudo xohlasa oʻzim qurdiraman»,— dedi. Jahldan juda avzoyim buzilgan edi. «Boy otangiz qari tulki, tayyorga ayyorlikni yaxshi koʻradi. Toleimiz bugun pastlashibdimi, ertaga baland boʻlsa ajab emas, hali loyga tiqilganimizcha yoʻq, boyvachcha. Umidim zoʻr, olloga shak keltirmayman, dedim. Mabodo zavodni sotguday boʻlsam, Mirzakarimboyga sotmayman, siz amin boʻling, oʻrisnimi, turkmannimi, armannimi, juhudnimi topaman, boyvachcha!» dedim. Hakimboyvachcha churq etolmadi, uyalganidan qotib qoldi. Izvoshga oʻtirdimu, joʻnadim.
— Mirzakarimboy eski tulki,— dedi yoʻtalib bazzoz Muhammadmansur, oltmishdan endi oshgan kalta qirov soqolli, lekin yigitlarday olifta yasangan kishi.— U, xabaringiz boʻlgʻay, xasis boy. Chimkentda, Avliyootada, Qoʻqonda, Fargʻonada — koʻpgina shaharlarda doʻkonlari bor. Boy ota xizmatkorining farishtaday suluv, yoshgina qiziga uylanib olgan edi, bultur yozda toʻsatdan zahar berib oʻldirib qoʻyishdi, eshitgandirsiz, janoblar. Shaharda yomon shov-shuv boʻldi; boy otaning ham, gerdaygan Hakimboyvachchaning ham obroʻyi bir pul boʻldi! Qizning otasi Mirzakarimboyning yigirma yillik xizmatkori, bir kechada Salimboyvachchani chavaqlab, oʻligini jarga tepib yubordi. Ana ofat!

Balli, janob, shunda men, xoʻp boʻldi, dedim, tolening pastligi ana shu, shundoq boʻladi!— dedi gerdayib Saidahmadboy.
— E-e, bu voqeani Toshkan aholisi orasida eshitmagan qolmadi,— dedi paxtafurush Mirhoji, boshi yumaloq, katta burnining kataklari kerik, dagʻal soqolli, toʻngʻizday sovuq, gerdaygan boy.— Chavaqlangan shahid Salimboyvachcha yerning qa’rida hok boʻlib yotibdi, keyin xizmatkor Yormat Sibirga haydaldi, xolos!
— O, qori afandi,— dedi negadir bugun churq etmasdan xomush oʻtirgan shoir Gʻaribiy Anvarxonga engashib.— Shahid ketmish notavon qizga bir qatra achinish izlayman, afsuskim, nadomat chekkan bir kimsani-da topolmasman... Barbod boʻlmish qiz qalbimni choʻgʻday uzdi...
— Hayot chigillarining biridir, —javob berdi shoirga shivirlab Anvarxon.— Qizni ajal bu dunyo jahannamidan qutqazmish...
— Tagʻin bir xizmatkori bor edi Mirzakarimboyning,— doʻngʻillab davom etdi Mirhojiboy,— tugʻishganlaridan, devday yigit edi. Yomonlar yoʻldan urdi chamamda, olomonga ergashib qoʻzgʻolonga aralashibdi. Alalxusus, sallotlar oʻqi bilan gum boʻldi. Yomonlarning beti qursin, yomonlar koʻp. Oq podsho oliy hazratlariga arz qilib, jamiki isqirt, muttaham qashshoqlarni otish emas, osish kerak, ibrat boʻlsa shoyad.
— Toʻgʻri aytasiz, janob boy, yomonlar koʻp,— dedi yumshoqlik bilan Mirzayunusxon, madrasada bir necha yil tahsil koʻrgan, tatar va turk adabiyotidan xabardor, oriqqina, qirgʻiy burun, faqirona kiyingan, oʻttiz besh yoshlardagi jadid.— Turkiston oʻlkasining xalqlari ma’rifatdan bexabar, zimiston bir hayot kechirurlar. Butun falokat shunda! Afsuski, boyonlarimiz xalq manfaati, xalq dardini nazar-pisand qilmaydilar, shifosini axtarmaydilar.

Majlis ahli chuqur sukutga ketdi. Qosh-qovogʻini osiltirib oʻtirgan Muhammadmansur ranjigan ohangda dedi:
— Ollo taologa aslo shak keltirmagaysiz, mirzam, bandalarining gʻamini yolgʻiz olloning oʻzi chekadi.

Tagʻin oʻrtaga uzoq sukut choʻkdi. Lekin Eshonxon boshliq bir necha xizmatkorlar katta-katta xitoyi chinni laganlarda bugʻi burqiragan qazi-qartali palovni koʻtarib kirgach, majlis ahlida bir yengillik his etildi. Eshonxon va Tulki tilmoch goʻshtni bir lahzada chaqqonlik bilan toʻgʻrab tashlagach, mehmonlar yenglarini shimarib, bir-birlariga «olsinlar-olsinlar» qilishib, palovni oshay boshladilar.

Suhbat goh uzilib, goh yangilanib, tagʻin Mirzakarimboy ustida toʻxtadi.
— Janoblarining xabarlari boʻlsa kerak, Mirzakarimboy bulturning oʻzidayoq doʻndiqqina, olifta bir tul xotinga uylanibdilar!— dedi Saidahmadxon Muhammadmansurga murojaat etib.

Muhammadmansurning ayyor koʻzlari tabassumdan qisildi. U chaynayotgan qazisini yutganicha yoʻq edi, Tulki tilmoch soʻzni ildi:
— Ijozat etgaylar, janoblar, batafsil hikoya qilay. Boy otaning ikir-chikir, nozik sirlariga kamina xoʻp oshnaman,— dedi u, moyli barmoqlari bilan koʻzoynagini toʻgʻrilab.
— Soʻzlang, tilmoch, bundoq qiziq gaplar ermak-da, mehmonlarning jinday koʻngli ochilsin!— dedi Saidahmadxon va Eshonxon koʻk choy suzib uzatgan piyolani oldi.

Tulki tilmoch oʻtirgan oʻrnidan bir qoʻzgʻalib, joylashibroq oldi.
— Boy ota bir sira Salimboyvachchaga qattiq motam tutdi, ammo koʻp muddat kechmadi, taqdirga tan berdi. Men ham goho boy otaning huzurida boʻlardim, paygʻambarlarning, aziz-avliyolarning ham jafo-alam chekkanlari haqida ibratli gaplarni aytib boyaqishga tasalli berardim. Boy otaning oldiga mahallasining ellikboshisi, obroʻli, dono, gapga chechan sohibi tadbir Olimxon aka ham tez-tez kirib turardi. Ellikboshi — boy otaning yaqin doʻsti, maslahatgoʻyi. «Uylaning, ust-boshingizga, tahorat suvingizga qarab turishga bir mahram kerak, umr gʻanimat,— dedi bir kun Olimxon aka.— Ijozat bering, bir jononni oʻzim topaman, shuncha davlat bilan toq oʻtirasizmi!»— dedi. Xullas, boyni koʻndirdi. Lekin uy ichi — Hakimboyvachcha, qizi, Salimboyvachchaning xotini shunday bir gʻavgʻo koʻtarishdiki, u yogʻini qoʻyavering. Boy ota qattiq turdi. «Hammangdan kechsam kechaman, illo uylanaman», dedi.— Tulki tilmoch barmoqlarini qirsillatib, majlis ahliga diqqat talab bir-bir qarab chiqdi.
— Qani, gapiring, eshitaylik, oqibati ne boʻldi ekan?— soʻradi kibr bilan Saidahmadxon.
— Boy ota bilan Hakimboyvachcha oʻrtasida ellikboshi boʻzchining mokisiday yugurib qoldi. Nihoyatda epchil, bilimdon odam-da Olimxon aka, alalxusus ishni bitirdi. Boy davlatni boʻlib berishga rozi boʻldi, ular otalarining uylanishiga ijozat berishdi. Butun ishni zimdan, kishi bilmas, pinhon bitirishdi. Ellikboshi har ikkala tomondan choʻtal oldi va boy otaga qizlarday bir yosh juvonni topib berdiki, husni bajo, orqasi bilan bitta soch, yuzlari sutday tiniq, qoshlari payvasta, yigirma sakkizga toʻlib-toʻlmagan bir barvasta qomat mahbuba...
— Bay-bay-bay.., chol qurgʻurning iqbolini koʻring!— dedi boshini saraklatib Mirhoji.

Mehmonlar qotib-qotib kulishdi.

Eshonxon bilagiga sochiq solib, bir qoʻlida dastshoʻy, bir qoʻlida obdasta bilan paydo boʻldi. Mehmonlar qoʻllarini yuvib, birovlar koʻk choy, birovlar famil choyni issiq-issiq xoʻplashga kirishdilar. Suhbat oʻzga mavzularga koʻchdi. Podsho haqida, urush haqida, oldi-qochdi xabarlar tildan tilga oʻtdi. Eshonxon dahlizda ichirib-edirib mehmon qilgan bir guruh tanburchi, gʻijjakchi sozandalarini boshlab kirdi.
— Xayriyat, xush sozu, muazzam ovozingizdan koʻngillarimiz munavvar boʻlgʻay! Yo rabbiy, fisqu fasod tutunidan ifrot boʻgʻildik-ku,—- dedi shivirlab shoir Gʻaribiy tabassum bilan Moʻlla Toʻychiga.
— Balli!—dedi kulib shoirning soʻzini eshitgan Mirzayunusxon.
— Hofizi a’zam, majlisni xushnud qilsinlar, muntazirmiz!
— Men tovushimni rostlagunimcha, sozandalar lutf aylasinlar, «Rohat»ni eshitaylik,— dedi yumshoqlik bilan Mulla Toʻychi tanburchiga murojaat etib...

«Rohat» yangradi. Majlis ahli sukutda eshitdi. Tanburning moʻ’jizakor torlaridan quyilgan musiqa mavji havoni toʻldirdi. Yuksak mahoratli sozandalar ijro etgan dilnavoz kuy birdan barchaning koʻngliga safo keltirdi. Majlis ahlining koʻpchiligi lazzatparastlikdan insoniy ma’naviyati buzilganlar esa-da, sehrkor «Rohat» kuyidan ajoyib nozik hayajonlar toʻlqinida sirli bir roʻyoga botdilar. «Rohat» xotimaga yetganda shoir Gʻaribiy yeng uchi bilan koʻzlaridagi namni artib, boshini tebratar edi. Mulla Toʻychining mislsiz yoqimli ovozi qudratli bir shalola kabi quyilib ketdi. Majlis ahli maroq bilan, ixlos bilan tinglar edi. Toshlarni yorib, quyoshga intilgan bir nihol kabi dillar yuksalar, hatto kibrdan qalblari qotib ketgan Toshpoʻlat bazzoz, Saidahmadboylarning ogʻzidan ham «Ofarin!», «Salomat boʻlsinlar!», «Oʻlmang!» degan xitoblar oʻqtin-oʻqtin yangrar edi.

Toʻychi hofiz Navoiy, Fuzuliy, Mashrablarning qalblari yolqini abadiy saqlangan baytlarni buyuk mahorat bilan kuylar edi. Bu kuylardan, musiqa sehridan koʻngillar ziyoga, shavqqa toʻlib ravshanlashdi, mayin hislarda balqidi.
— Assalomu alaykum! Astagʻfirullo!.. Tangrim oʻzi saqlasin!..— dedi dabdabador ohangda qoʻqqisdan mehmonxonada paydo boʻlgan Saidakbar Buzruk eshon — Saidahmadxonboyning katta qaynatasi.

Uning ortidan bir necha ulamo kirib keldi. Ustlarida qat-qat yarqiroq toʻnlar, boshlariga savatday oq sallalar qoʻndirilgan, soqollari serkillagan, salobatli, baland mavqeli kazo-kazolar...
— Marhamat, hazratim, marhamat! Inoyat va iltifotlariga hasanot!— dedi odatdagi yasama tabassumi, ayyorligi bilan Saidahmadxon qoʻllarini tavozeda qovushtirib.

Kayfiyatlari keskin buzilgan mehmonlar barchasi oyoqqa qalqqan edi, hurmat bilan bir-bir koʻrishilgach, ulamolarga toʻrdan oʻrin berildi, uzundan-uzun duodan soʻng: «Omin!» deyildi va qayta-qayta hol-ahvol soʻrashga kirishildi.

Saidakbar eshon baland boʻyli, keng yagʻrinli, yirik gavdali, oltmish yoshlardagi kishi. Katta yuzi goʻshtdor, qip-qizil burni baayni xoʻrozning tojisi, qavat-qavat kamzul va toʻnlar ustidan tagʻin keng, kumush tovlangan banoras toʻn kiygan, boshiga katga oq salla oʻragan, oyoqlarida sagʻri kavush. Ota-bobolari eshon oʻtgan, yoshligidan toat-ibodat, zikr bilan suyagi qotgan. Buxoro madrasasida tahsil koʻrgan, eshonlar orasida mashhuri, obroʻlisi, buzrugi.
— Bu yangligʻ bazmlarda azozil ham sherik boʻlur emish.— Buzruk eshon Saidahmadboyga magʻrur tusda qarab oldi.— Sizlardan olloning qahrini qaytarmoq niyatida ostonangizga qadam ranjida qildik...— dedi eshon tanbehlovchi ohangda.
— Xotirlariga malol kelmagay, hazrat. Tangrim oʻzi karam qilsin, bandalariga marhamati benihoyadir,— dedi ulamolardan biri.
— Qadamlariga hasanot, koʻp xursand boʻldik, marhabo!— Zarracha sarosimalik sezmagan Saidahmadxon ulamolarni dasturxonga taklif etdi.— Taomlar intizor...

Eshonxon oʻziga xos chaqqonlik bilan issiq somsa va bir necha laganda bugʻi burqiragan palov bilan ulamolar oldini birpasda toʻlatib tashladi. Ulamolar «Bismillo!», «Alhamdulillo!» deya uzun yenglarini shimarib, ovqatga berildilar.

Qazi-qartali palovni xoʻp oshagandan keyin ulamolar somsaga, yumshoq non bilan murabboga, asalga oʻtishdi.
— Qori afandi, darvoqe, qulogʻimga chalindi, bir risola yozganmishsiz,— dedi Buzruk eshon soʻzlariga vazminlik berib.— Nima gap oʻzi?—Oʻsiq qoshlarini koʻtarib, surma tortilgan yirik koʻzlarini qoriga tikdi.
— Taqsir, yoshlarga oid qadimdan qolgan, xalq yaratgan ibratomuz, axloqiy hikoyalar, masallardan iborat bir risola tartib etmish erdim,— javob berdi Anvar qori oʻziga xos sipolik bilan.
— Koʻp nojoʻya qilmishlaringiz bor, qori,— dedi Buzruk eshon ranjigan tusda.— Risola tartib qilmoq bagʻoyat yaxshi gap, ammo paygʻambarlar, avliyo-anbiyolar haqida diniy rivoyatlar bitilgan risolalarni chop ettirsangiz, koʻp savobli ish qilgan boʻlur edingiz.
— Hazrati buzrukvor,— shoshmasdan gapirdi qori,— forsiy, arab kitoblarda ibratomuz, yoshlarga foyda keltiruvchi hikoyalar koʻp boʻladi, biz ham islom mash’alini baland tutgan arablarga taqlid qildik. Faqiringizning risolasida diniy rivoyatlar ham bisyor.
— Balli, qori, suhbatda baliqday suzasiz! Ammo hargez oxiratni unutmagʻaysiz: marg ushtur ast, ki bur sori har xonadon meoyad! (Forscha-tojikcha: ajal goʻyo bir tuyaki, har xonadon oldida choʻkadi ) —dedi eshon kinoyali ohangda va choyni bir-ikki hoʻplab, ustma-ust yoʻtaldi.

Eshonxon laganda ustiga murchli piyoz sochilgan kabobni koʻtarib kirdi.
— Bay-bay-bay... Choʻgʻday kabob ekan! Qoravoyingiz xoʻp pazanda,— dedi Buzruk eshon yogʻi tomib turgan kabobni sixdan sugʻurib.

Ulamolar piyoz aralash kabobni chaynashga tutindilar. Uy sohibi ta’zim va takalluf bilan:
— Olsinlar! Taomni muntazir qilmagʻaylar!— deb yeyishga qistar edi.
— O, taomlarning a’losi kabob emish! Ajab totliq pishibdi,— dedi eshon ikkinchi sixni boʻshatib.— Hovlida koʻzim tushgan edi, qoʻra ustiga mukka tushib pishirmoqda edi, koʻp yaxshi izvoshchingiz bor-da!
— Nafsilamr, mundogʻ lazzatli kabobni yemaslik gunohdir,— dedi laganga qoʻl uzatib ulamolarning biri va dimogʻiga murch urganidan ustma-ust aksirib oldi.

Ulfatlar bamaylixotir ikki-uch kishi boʻlib, past ovozda suhbat qilar edilar.

II

Saidakbar eshon «Yo ollo!» deb bazoʻr oʻrnidan turdi.

Saidahmadxon va bir-ikki yoshlar oʻrinlaridan turib: «Xush kelibdilar!» deya tavoze qildilar. Eshonxon toʻgʻrilagan pishiq kavushlarini kiyib, magʻrur yurib, tashqariga chiqqan Buzruk eshon olma, shaftoli daraxtlari orasidagi gʻishtin yoʻl bilan ichkariga qarab yurdi.

Hovlida oʻynab yurgan bir toʻda katta-kichik bolalar «Assalomu alaykum!» deya, nazokat bilan qoʻl qovushtirib, eshon oldiga duv yigʻildilar.
— Borakallo, katta boʻlinglar! Ollo-taolo insof bergay barchangizga!— dedi Buzruk eshon bolalardan birining yelkasidan qoqib, birining boshini silab va gʻisht zinali baland ayvonga chiqdi.

Xona eshigi ochilib, boyning katta xotini Arabxonbegim sevinganidan yuzi yorugʻlanib, yugurib chiqdi:
— Assalom, xush kelibdilar, marhabo!— dedi otasiga bukilib salom berib.
— Oppoq oyim, popuk oyim!— dedi eshon qizining yelkasini quchib.

Arabxonbegim shohi-atlas koʻrpachalardan ikkitasini tancha toʻriga qavatlab soldi va katta par yostiqni eshonning orqasiga qoʻyib, qarshisiga oʻtirdi.
— Omin!— dedi eshon allaqanday bir duoni oʻqib, soqolini siypadi.
— Xush kelibdilar, oyijonim tetikkina yuribdilarmi, salomatmilar?—uzundan-uzoq soʻrasha boshladi Arabxon.

U oriqqina, oʻrta boʻyli, qoshlari payvasta, bodom qovoq, ozgina sepkili boʻlsa-da, istarasi issiq, oʻrta yoshli xotin edi. Uzun sochlariga chirmashgan sochpopuklar orqasini toʻlatgan, qoʻllarida qoʻsh-qoʻsh uzuk va bilaguzuklar.
— Oʻzing yaxshimisan? Qalaysan, oppoq qizim?— soʻradi eshon joylashib oʻtirgach.
— Xudoga shukur, yuribman. Yumushim koʻp, bolalar shoʻx, har kuni mehmon, kuyovingiz mehmonsiz turolmaydi,— dedi Arabxonbegim roʻmolini tuzatib.
— Shukur qiling, qizim, olloning marhamati yogʻilgan uyga mehmon yogʻiladi. Noshukur boʻlmang!—dedi eshon qiziga nasihat berib.
— Tangrimga ming qatla shukur!—dedi Arabxonbegim tabassum bilan.

Ota bilan qiz bir oz undan-mundan ganlashib oʻtirdilar.
— Assalomu alaykum!— dedi shoshilib xonaga kirgan Joʻraxon — Arabxonbegimning ikkinchi oʻgʻli, olifta kiyingan, oppoqqina, koʻzlari oʻtli, oʻn olti yoshlardagi koʻrkam yigitcha.
— Qani oʻtir, tentak! Eshitdim, may icharmishsan, ahmoq!— dedi eshon nabirasiga tikilib.

Joʻraxon indamadi, qizargan holda koʻzlarini yerga tikdi.
— Joʻraxon yuvosh bola, bobosi!—Arabxon oʻgʻlining yonini oldi:—Jinday erkaligi bor, bir kecha sagʻalgina shirakayf kelibdi... Ulfatlari koʻp-da... Otasining ishi yoʻq.

Qovogʻini osiltirib oʻtirgan Buzruk eshon nimadir demoqchi boʻldi-yu, ogʻzini ochishga ulgurmadi. Eshikdan boyning kichik xotini Zebixon lop etib kirib keldi.
— Assalom!— dedi u ikki qoʻlini koʻksiga qoʻygan holda bukilib.
— Borakallo! Salomatmisiz, qani oʻtiring!— dedi eshon Zebixonga.

Zebixon pastroq boʻyli, oppoq, koʻzlari ayyorona oʻynoqlagan, semizgina, yigirma besh yoshlardagi juvon edi. Kundoshiga zimdan qarab qoʻydi, oʻtirishga botinmadi.
— Ishim koʻp, ulugʻ hazrat, uzr...— Uyalib yerga boqdi va orqasi bilan sekin yurib chiqib ketdi.

Bir zumda Arabxonning koʻzlari gʻazabga toʻldi, yigʻlamsirab otasiga qaradi.
— Kuyganimdan ado boʻldim,— dedi dardli tovush bilan.— Xudoning bergan kuni boyning qulogʻini gʻiybatga toʻldiradi, boy boʻlsa menga firoq qiladi, gʻazab qiladi. Ikki kundosh tez-tez qirilib olamiz... Kundoshlik boshim, zaharli oshim...— Arabxonbegim liq yoshga toʻlgan koʻzlarini yerga tikdi.

Qovogʻini solib, jim oʻtirgan Joʻraxon sekin oʻrnidan turib chiqib ketdi.
— Olloning amriga itoat qil, beka qizim, peshanangga yozilganini koʻrasan.— Buzruk eshon nasihat qildi...— Zebixonga qattiq gapirma, dilini ogʻritmay sabr qil, u dunyoda kundoshlarning makoni jannatda...

Arabxonbegim ma’yusgina jilmaydi.
— Otajonim kechirsinlar, koʻnglimning dardi toshib ketgan edi, jinday boʻshatdim.— Ovozini pasaytirib shivirladi:— Zebi shu dargohga oʻn yetti yoishda tushdi, mana sakkiz yil boʻlib qoldiki, farzand koʻrmadi, alam qiladi shekilli.

Eshon indamadi, bir zum xayolda jim oʻtirdi, keyin qiziga boqib dedi:
— Oʻzing bosh boʻlib, nafasi shifokor domlaga oʻqit, shoyad parvardigorim qudrat qalami bilan peshanasiga farzand bitsa!
— Voy oʻlaqolay, buzrukvor hazratim, judayam ajoyib gapirasiz. Kundoshim tugʻmaydi, deb ham kuyaymi! Be-e-e, tirnoqqa zor boʻlib oʻtmaydimi dunyodan!
— Hay-hay, tavba degin, qizim!—koʻzlarini olaytirdi otasi.— Olloning qahri keladi, aslo gʻayirlik qilmay, koʻnglingni keng tut!

Arabxon otasiga javob bermadi, xomush oʻtirib qoldi. Birdan eshikning ikki tavaqasi ochilib ketdi, oqsoch harsillagancha samovar koʻtarib kirdi.
— Assalom alaykum, taqsir, xush kelibsiz!— dedi samovarni yerga qoʻygach, boshi yerga yetguncha egilib oqsoch.

Eshon boshini qimirlatib, alik oldi. Arabxonbegim oqsochga: «Boravering, ishingizdan qolmang», deganday imo qildi-da, surilib samovarga yaqin oʻtirdi. Oqsoch issiq non, patir, meva-cheva uyulgan katta patnis, piyola, yangi sochiq olib kirdi, keyin oyoq uchida yurib chiqib ketdi.
— Qornim juda toʻq, me’dam andak koyib turibdi, oppoq qizim,— dedi eshon Arabxon uzatgan piyolani olib.
— Novvot bilan issiq-issiq iching,— dedi Arabxon va kulchadan, patirdan ushatib qoʻydi.

Ota-bola choy hoʻplashib, soʻzlashib oʻtirdilar. Arabxon katta oʻgʻli Otabekdan shikoyat qildi:—Ulfatlari koʻp, qoq yarim tunda mast keladi, kelin ham arazlab otasinikiga ketganiga uch kun boʻldi...
— Chakki boʻlibdi,— dedi eshon soqolini qashib.— Oʻrtaga sovuqlik tushmasdan aldab-suldab olib kelinglar.
— Ertalab Otabek tushmagur: «Araz qiladigan xotinning keragi yoʻq, bugun kelmasa uch taloq qildim», deb chiqib ketdi.
— Tentak bola! Boyga aytaman, nasihat qilsin, yoʻlga solsin, erkalatishning hojati yoʻq, yomon yoʻlga tushib ketadi,— dedi tanbehlab eshon.
— Qaynatasi bu yil Qarqaraga ketayotib, yur, desa, bormadi. Qoʻy haydab kelamiz, oʻynab, dunyoni koʻrib kelasan, deb chunon yalindi, boʻlmadi. Otabek qaynatasini yomon koʻradi. Oʻlguday ziqna, xasis boy oʻziyam!— kuldi Arabxon.
— Madrasada ta’lim olsin, desam, boy koʻnmady, tuzem maktabga beraman, deb kofirlarga qoʻshib qoʻydi. Musulmon odam bunday noma’qulchilik qilmogʻi yaramaydi,— dedi ranjigan tusda eshon.
— Rost aytasiz, hazrat. Otabek madrasa koʻrmadi, yangichaniyam yolchitib oʻqimadi, tashlab ketdi. Mana endi, aro yoʻlda qoldi. Otasidan oladi saboqni: hali uloqqa, hali bazmga yuguradi.
— Tangrim oʻzi insof bersin,— dedi yoʻtalib eshon va fotiha oʻqigach, harsillab bazoʻr oʻrnidan turdi.

Eshon Arabxonbegim, Zebixon va bolalar bilan xayrlashgach, bir-bir bosib tashqariga chiqdi.

Mehmonxonada suhbat quyuq va qizgʻin edi. Anvar qori barmoqlarini oʻynatib, silliq, chiroyli soʻzlardi. Saidakbar eshon kirishi bilan hamma oʻrnidan qoʻzgʻalib, hazratga joy berdi. Qori gʻarib va yoʻqsillarga boyonlarning shafqat koʻrsatmogʻi, xalq gʻamini birga koʻtarmogʻi haqida allaqanday ifodalar, ibratli gaplar bilan soʻzlardi. Buzruk eshon quloq solib, bir oz sukutda oʻtirgach, bir-ikki yoʻtalib oldi, magʻrur tusda boshini koʻtarib gap boshladi. U oʻziga xos usul bilan avliyolarning gʻurbati, sahobalarning faqirligi haqida turli oyatlar, rivoyatlar keltirdi. Soʻfilarning hayotidan, ularning ishqi — haqiqat ishqi, ular haqiqatni izlaydilar, olloning oshigʻidirlar, haqiqiy inson oxiratni oʻylamogʻi darkordir, deb shoshmasdan hikoya qildi.

Suhbat ortiq qizimadi, undan-bundan gaplashib, choy ichishdn. Uzundan-uzoq duodan soʻng mehmonlar qoʻzgʻalishdi.

Botqoq koʻchaga qorongʻilik ogʻir choʻkkan, izgʻirin shamol yuzlarning issigʻini shilardi. Saidahmadxon va qoʻlida fonarь tutgan Eshonxon mehmonlarni joʻnatib, mehmonxonaga kirishdi.

Qoravoy bilan Eshonxon dasturxonlar yigʻar ekanlar, boy ichida: «Gorodga qarta oʻynagani joʻnasammikan yoki yaqinroq pinhon joyda boyvachchalar bilan birga boʻlsammikan,— deb oʻylar edi.— Yoʻq,— dedi u oʻz-oʻziga,— charchadim, uyga kiray».

U mehmonxonadan chiqib, ichkari tomon horgʻin yurdi.

Mayda qor sepalar edi.

Beshinchi Bob

I

Saidahmadboyning zavodi ishchilaridan Jumaboy va Shermat bozorda, charxchilar oldida oʻtirar edilar.
— Alalxusus, uka, turmush shundogʻam moʻshkullashdiki, doʻzaxning oʻzi bu dunyoga koʻchibdi, desam, aslo mubolagʻa boʻlmas,— dedi Shermat, yangi charxlangan pichoqni qiniga solib.
— Oʻhoʻ, ogʻayni, odam degan maxluq har qanday ogʻirlikni koʻtaraverarkan,— dedi koʻzlari shilpiqlangan, sovuqdan qizargan qirgʻiy burniga siniq koʻzoynak qoʻndirgan qurishiq jussali qari charxchi.

Uning egnida olacha toʻn, ustidan belbogʻ, rangi va moʻynasidan asar qolmagan eski telpakni bostirib kiygan, oyoqlarida paytavasi oqqan yirtiq mahsi. Cholning qarshisida oʻtirgan sherigi — yirik gavdali, peshanasi doʻng, muloyim yigit. U kir, yamoq guppi choponga oʻralgan, yalang oyoqlarida yirtiq kalish, boshida yagʻir doʻppi. Yigit gung-soqovligidan indamasdi, bir otim nosni til tagiga tashlab, charx tortadi, charxning butun ogʻirligi uning gardanida. Chol esa qayroq ustida pichoqni qayrab oʻtiradi. Charxdan tinmay uchqun otiladi, gʻuv-gʻuvdan quloqlar bitadi.
— Mehnat ahli hamisha zabunlikda. Savdogarlar-chi? Barchasi zangin, bizning bel va bilak kuchimizdan semirgan haromtomoqlar!— dedi qahr bilan Jumaboy.
— Nafsilamr aytdingiz, pul quturtiradi-da, davr ularniki,— dedi charxchi charx ustiga rostlab.
— Haq yerini topar, degan dono soʻzni siz yaxshi bilasiz, qariya,— dedi Jumaboy cholga murojaat qilib.— Xotirjam boʻling, zolimni koʻtarmaydigan zamona keladi, shunda haqiqat quyoshi yarqirab ketadi!
— Shoyad ollo taolo bandalarini yarlaqasa, roʻzgʻor tangligi ezib yubordi, uka!..—dedi charxchi boshini gʻamgin tebratib.— Qani endi bizdaqa gʻariblarga ham kun tugʻsa!
— Tugʻadi, albatta tugʻadi yaxshi kun, zolimning joyi jahannam!—javob berdi Jumaboy ishonch bilan.
— Aytganing kelsin, omon boʻl, inim, umid shami bilan koʻnglimni ravshan qilding,— dedi chol yengil tortib.— Egri ozadi, toʻgʻri oʻzadi, degan soʻz bor. Dilimiz toʻgʻrimi, iqbolimiz baland boʻlgay!—dedi qoʻlini koʻksiga urib charxchi. Uzoq sukutdan keyin ichdan bir uh tortib davom etdi:—Qachon palov yeganimni bilmayman, qora shoʻrva, arpa non, xolos... Bizning endi toʻrimizdan goʻrimiz yaqin... Hademay makonimizga ravona boʻlamiz... E-e, bevafo dunyo!.. Chiroqlarim, sizlar yorugʻlik koʻringlar...
— Yoʻq, otajon!— dedi Shermat.— Tenglikni, hurriyatni, haqiqat oftobining balqib chiqqanini siz ham koʻrasiz!
— Inshoollo!.. Sadagʻang ketay, inim, umid qilamiz, noumid — shayton...— siyrak soqolini silab qoʻydi chol.
— Ota, bizlar koʻp nodon ekanmiz,— dedi Shermat yonidagi ikki qadoq mosh solingan xaltachani qoʻliga olib,— bir qoshiq umochmi, moshxoʻrdami halqumimizdan oʻtsa bas, xudoga ming qatla shukur, bugungi kun ham oʻtdi, deymiz, xursand boʻlamiz. E-a, padariga la’nat bunday turmushning! Xoʻsh, biz xudoga nima qilibmiz?! Nima gunohimiz bor?!—boʻgʻilib yoʻtaldi Shermat.
— Hay-hay-hay, kalima keltir, inim, olloga ming marta tavba degin,— dedi charxchi chol ranjigan tusda.
— Yoʻq, otaxon, doʻstimning soʻzi toʻgʻri, biz nodonmiz,— dedi Jumaboy, koʻkragini koʻrsatib.— Koʻzi soʻqirdan, koʻkragi soʻqir yomon! Men rus ishchilarga razm solaman, oʻzaro ivir-shivir gaplariga quloq osaman, eshitganlarimni dilimga tugib, xoʻp magʻzini chaqaman. Ular koʻp narsani tushunadilar. Shu kecha-kunduz butun olamda boʻlib turgan jamiki voqealarni biladilar; bizga oʻxshash koʻkragi koʻr emas. Tez-tez yigʻin qilib, maslahatlashadilar. Toshkentda turib, dunyoning bir chekkasidagi Maskov, Piter ishchilari bilan zimdan aloqa qiladilar; polisalardan ham, toʻralardan ham, oq poshshodan ham qoʻrqmaydilar!
— Tavba!— dedi charxchi yoqasini ushlab.

Soqov yigit na bir tovush eshitar, na bir soʻz tushunar, uning ichki ruhiyati oʻzga bir olam, oʻz fikrlari, oʻylariga chulgʻangan holda charx tortar edi. Goho yigit suhbatdoshlarning yuz ifodasi; koʻzlari jilvasidan biror narsa tushungisi kelar, nochor ichdan uh tortib qoʻyar va tagʻin bitmas-tuganmas xayollarga botar edi.
— Sen bu dunyoga, yolgʻiz gapga kelgan inson ekansan, doʻstim. Otang rahmatli gʻoyat moʻmin, kamgap odam edi. Bir osh, pishguncha ogʻzidan bir kalom chiqmasdi. Koʻcha-koʻyda, samovarda biror janjalmi, gʻavgʻomi chiqquday boʻlsa, sekin ship etib qochib qolardi. Sen boʻlsang gap olamida baliqday suzasan, olamni boshingga koʻtarib baqirasan, balli senga-e! Men ketdim.— Xaltachani koʻtarib Shermat oʻrnidan turdi.
— Olov yigit-da, olov!..— dedi kulib charxchi. Jumaboy ham qoʻzgʻaldi. Charxchilar bilan xayrlashgach, ikki doʻst yoʻlga tushdilar. Bular goh gaplashib, goh sukutda borar edilar, charxchilar Pichoqchilar qatoridan, bozorning chuvvos shovqin-toʻpolonidan chiqib, Chorsudan oʻtgach, Koʻkcha tarafga qayrilgan hamon, chap koʻchaga kirdylar.
— Oqshom samovarga chiq, jinday gaplashamiz,:— dedi Jumaboy kichkina eshik oldida toʻxtab.

Shermat «xoʻp» deganday boshini qimirlatdi va horgʻin yurib kotdi. Uning uyi bir koʻcha yuqorida edi, bir oz yurib oʻng qoʻlga burilarkan, it urishtirib, toʻpolon koʻtargan yigitchalarga duch keldi.
— E-e, qoʻyvoringlar, jabr-ku boyaqishlarga,— dedi Shermat ranjib.

Lekin bolalarning birontasi Shermatning gapiga parvo qilmadi, ogʻzi-burni qon itlarni bir-biri ustiga tashlab, olkishlardilar. Shermat yuzini ters oʻgirib oʻtib ketdi.

II

Shermat eshigi oldida dukchi cholga duch keldi. Otash-dukchi ikki qoʻli orqasida yerga qarab xomush turardi.
— Assalomu alaykum!— Xaltasini qoʻltigʻiga qisib, qoʻllarini cholga uzatdi Shermat.— Qani, amaki, hovliga marhamat!— dedi u dukchi bilan koʻrishgach, eshikni keng ochib.
— Kelgan edim, yoʻq ekansan, inim, hozir kelib qoladilar, degan edi kelin.

Shermatning ovozini eshitib, uydan toʻrt yoshdan sakkiz yoshgacha ikki oʻgʻilcha va qizchasi yugurib qarshi olishdi. Ustlarida boʻz guppi, eski kalish, choriqlarni oyoqlariga ilgan goʻdaklar, mehmonni koʻrgach, uchovlari ham bir ogʻizdan: «Assalomu alaykum!» deb salom berar ekanlar, «Vaalaykum assalom, chiroqlarim», dedi dukchi; birining boshini siladi, birining yelkasiga qoqdi. Eng kichigi, jajji qizcha otasining qoʻllarida sevinib boʻynini quchgan edi.

Shermat amakisi Otash-dukchini tanchaga taklif qildi. Bir kosadan ugra osh ichdilar, keyin choyga oʻtgandan soʻng chol maqsadni ochdi.
— Uka Shermat, bir maslahat uchun kelgan edim,— dedi chol soqolini silab.
— Xizmat, amaki?— soʻradi Shermat, qoʻlidagi piyolani tancha ustidagi eski barkashga qoʻyib.

Otash chol gapni uzoqdan boshladi. Oʻgʻli yoʻqligi, bor-yoʻgʻi yolgʻiz bir qizi ekanligi, holi tangligi, chol-kampir keksayib, bu dunyo bilan vidolashuv chogʻlari yaqinlashgani — hammasini shoshmasdan soʻzladi. U gapni qarilarga xos ezmalik bilan aylantira-aylantira, nihoyat, Saidahmadboyning Eshonxonni sovchi qilib yuborganiga olib keldi.
— Gap shu, inim, boshim qotib qoldi. «Koʻngil koʻngildan suv ichar», degan qadimgilarning gapi bor. Aql yoshda emas, boshda. Sen yosh boʻlsang ham, aqli komilsan, akamdan qolgan yolgʻiz yodgorsan, deb keldim.— Dukchi javob kutganday Shermatga qaradi.

Shermat boshini quyi solib jim utirardi. U oʻz fikrini — xoʻjayini Saidahmadboyga koʻnglidagi nafratini, boylarning rasvo fe’lini bu sodda cholga loʻnda qilib qanday anglatishni oʻylardi.

Otash cholning ham boshi qotgan edi. Oʻrtadagi uzoq sukutni Shermat buzdi.
— Koʻzingizning oqu qorasi, yolgʻiz qizingizni Saidahmadboyday bir toʻngʻizga, tagʻin ikki kundosh changaliga qanday berasiz?! Yoʻq, amaki, men bunga aslo rozi emasman!— dedi Shermat qat’iyat bilan.— Boy kuyovni axtarmang, qoʻlida hunari bor, qizingizga munosib bir insofli, aqlli yigit topilib qolar. Hunari bor xor boʻlmaydi, amaki, buni oʻzingiz yaxshi bilasiz. Saidahmadboylarning miridan-sirigacha bizga ayon. Buzuq, ishqi yoʻq eshak-da bari!..

Dukchi churq etmadi. Suyuqqina damlangan famil choydan bir piyola ichgach, chol oʻrnidan turdi.
— Oʻylashib koʻramiz, uka, bu ogʻir savdo,— dedi oyoqlariga zilday ogʻir choriqlarini kiyib.
— Salomat boʻling, oppoq oyimga, Zumradxon singlimga salom ayting!— dedi Shermat cholni kuzatib koʻchaga chiqqach, bu ishdan noroziligini amakisiga tagʻin qayta-qayta uqtirishga tirishdi.

Chol qorongʻi tushgan loy koʻchada qoqila-surina asta yurib ketdi...

Oltinchi Bob

I

Sovuqning zahri kesilgan, fevralning oxirlari...

Saidakbar Buzruk eshon katta xonaqohga yondosh tor hujrada yolgʻiz oʻtirar edi. Keng hovli shoxlari gʻuj toʻp qayragʻochlar, besoʻnaqay tarvaqaylagan tutlar, tik oʻsgan dil teraklar bilan toʻla. Chor atrofida kichik-kichik hujralar katorlashgan bu hovlini oʻrtadan qoq yorib, katta bir ariq toʻla suv oqib turardi.

Eshon yakka dsrazasi zich yopilgan qorongʻi hujrada tasbeh oʻgirar, ibodatga berilgan edi.
— Hazratim, ijozat bersalar,— soʻradi eshik ochilib, ostonada toʻxtagan jikkak gavdali, soqoli bir tutam chol eshonning eski muridi, xizmatkori Xudoyqul maxsum qoʻl qovushtirib.— Hazratimni ziyorat qilgali qishloqdan odamlar kelgan.
— Kirishsin!— dedi eshon bir lahza sukutdan soʻng va derazaga imo qildi.

Maxsum choriqlarini shoshmasdan yechgach, ohista borib derazani ochdi. Kichkina derazadan kirgan quyoshning bir tutam soʻniq shu’lasi hujrani sal yoritdi. Maxsum yengil yurib chiqib ketdi.

Eshon oʻsiq qoshlarini va quyuq soqolini siladi, boshini quyi solib, tasbeh oʻgirishda davom etdi.

Eshik ochilib, yetti-sakkiz yosh-qari dehqonlar hujraga kirdilar; yelkalaridagi xurjunlarni ostonaga tashlab, qoʻllari koʻksida, qayta-qayta bukildilar, ixlos va chuqur tavoze bilan salom bergach, eshonning qoʻllarini oʻpib, toʻnlarnning etaklarini koʻzlariga surtdilar.
— Boʻldi, boʻldi, oʻtiringlar!—dedi sekin eshon.

Dehqonlar xurjunlaridan nimta-nimta goʻsht, dumba yogʻlarni, turli kiyimliklarni chiqarib, eshonning oldiga qoʻydilar, koʻzlarida yosh, tagʻin ta’zimda bukildilar.

Maxsum derazadan tashqarida turgan ikki-uch qoʻy-echkiga imo qilib:
— Hazratim, duo qilsinlar!— dedi. Eshon qoʻllarini baland koʻtarib duoga ochdi. Dehqonlar ham qoʻllarini koʻtarib, choʻkka tushdilar.

Eshon koʻzlarini yumib uzoq duo oʻqidi: «Omin!» deya yuzini siypadi. Tovushsiz yigʻlagan dehqonlar, eshonga ergashib, qadoqli qoʻllari bilan yuzlarini siypadilar.

Eshon, besh vaqt namozni kanda qilmaslik, olloga, avliyo-anbiyolarga sigʻinish, ollo yoʻliga xayr-sadaqani unutmaslik, oxiratni hamisha yodda tutish haqida vazminlik bilan uzoq soʻzladi. Keyin hazrat mehnat mavzuiga koʻchdi:
— Mehnat qilinglar, oʻgʻillarim, kor or nest, ya’ni mehnat or emas, mehnatkashlar, kosiblar olloning suygan bandalaridur alkosibu habibullo!— dedi eshon soʻnggi soʻzlarni qiroat bilan.— Xorlik, muhtojlikdan aslo or qilmagaysiz, qanoatni dillarga jo qilgaysiz, zero, oxiratda iqbolingiz misli chiroqdir!..

Dehqonlar hoʻng-hoʻng yigʻlab, ixlos bilan eshitar edilar.
— Dam olinglar, oʻgʻillarim!— dedi eshon mayin tovush bilan.

Dehqonlar tagʻin bukila-bukila ta’zim bilan chiqib ketdilar.
— Bir choynak achchiq choy keltiring, maxsum!—dedi eshon, eshik oldida buyruqqa muntazir toʻxtagan maxsumga.
— Xoʻp, pirim!—dedi murid va tovushini tagʻin ham pasaytirib soʻradi,— goʻsht-yogʻlarni ichkariga olib kiraymi?
— Balli!— boshini qimirlatib tasdiqladi eshon.

Maxsum bir choynak choy bilan piyola olib keldi, bir-ikki qaytarib quydi, piyolani eshonga uzatgach, goʻsht-yogʻlarni ichkariga tashiy boshladi.

Hazrat ertalab katta bir tovoq quyuq qaymoqqa issiq nonni bostirib toʻgʻrar va toʻyib yeb olar edi.

Har kun yaqin-uzoqdan eshonga tovoq-tovoq qaymoq kelardi. Darvoza oldida, hovlida oʻtirgan muridlar: «Balli, balli, borakallo, hazrat ibodatdalar», deb duo qilib, qaymogʻu, sariagʻlarni olib qolardilar. Bir qismini ichkariga joʻnatsalar, bir qismini oʻzlari urardilar.

Saidakbar eshonning ota-bobolari ham koʻp taqvodor zshon oʻtgan. Atrof qishloqlarga dongʻi ketgan bu katta dargohdan har vaqt muridlar, ulamolar arimas, hamisha toat-ibodat, zikr uzilmas edi.

Eshon choyni huzur bilan ichib, choynakni boʻshatgach, oʻrnidan turdi, asta yurib hovliga chiqdi. Eshonni koʻrgan hamon katta hovlining burchak-burchagida, hujralar oldida oʻtirgan muridlar oʻrinlaridan turib, qoʻl qovushtirdilar. Eshon bir-bir bosib, ikki tavaqali oʻymakor eshikdan tashqari hovliga oʻtdi.

Hovlida oʻynab yurgan bir toʻp oʻgʻil-qiz bolalar — eshonning nevaralari «Assalomu alaykum!» deb ta’zimda qotishdi. Eshon kulimsirab, birining peshanasidan oʻpdi, birining yuzini siladi. «Borakallo, katta boʻlinglar!» dedi.

Tashqari ham keng, katta daraxtlarga toʻla bogʻ. Yongʻoq, shotut, gilos — hammasidan bor. Hovlining ikki tomoni boʻgot imorat; katta chorxari, shifti rangdor toqili, devorlari ganchli mehmonxonalar. Eshiklari va derazalarining eshiklari oʻymakor, pishiq, sahniga chorsi, qadimiy gʻishtlar terilgan dahlizlar, hujralar...

Saidakbar eshon u vaqtlar yosh bola edi. Bu imoratlar uning eshon bobosi zamonida qurilgan. Muridlar, atrofdagi ustalar, dehqonlar oʻsha eshondan duo olib, qoʻy-echkilarni boʻgʻizlab, poydevorni boshlab yuborgan edilar. Ichki, tashqari hovli va unga yondosh xonaqoh, hujralar terilgan uchinchi hovlida butun yoz ish qaynagan. Bular hammasi oʻsha vaqtda besh-olti yoshda boʻlgan Saidakbarning esida. Ba’zan u yolgʻiz ibodatda oʻtirarkan; bobosini xotirlardi. Yirik gavdali bobosining zikrda, davrada yurgani, muridlar, xaloyiq hayajon bilan, yigʻi bilan zikr tushgani, Mashrabning gʻazallari oʻqilganda bobosining etagini ushlab tinglagani, ba’zan oʻzi ham birgalashib oʻqigani... Hammasi bir-bir koʻz oldida gavdalanar edi.

...Eshon ohista yurib, dahlizga kirdi. Keng, ravonli dahlizda oʻtirgan mehmonlar duv qalqib, qoʻl qovushtirdilar. Buzruk mehmonxona boʻsagʻasi oldida amirkon kavu-shini yechib, ichkari kirdi.

Mehmonxonada qadlarini egib, ta’zimda turgan mehmonlar orasidan fargʻonalik ikki mehmon uning oldiga ildam qadamlar bilan keldi, qoʻllarini oʻpib, orqaga chekindi.
— Oʻtiringlar, marhamat!— dedi eshon mehmonlarga va ular boʻshatgan joyga oʻtirmasdan, poygakroqqa, deraza tagiga choʻkdi. Mehmonlar ham eshonga hurmat, ehtirom izhor etganday, sekin-sekin choʻkkaladilar. Duodan soʻng, kimdir ikki qoʻllab uzatgan piyolani olib, eshon choyni mayda xoʻplab ichdi.

Mehmonlar deyarli barchasi ulamolar, boylar, boyvachchalar edi. Jadidlardan faqat bir-ikki kishi koʻrinardi.
— Qoʻqondanmisizlar? Qalay, u yerlarda, nima gap?— soʻradi eshon musofir mehmonlarning biridan.
— Taqsir, bugun sahar Qoʻqondan keldik,— javob berdi kattagina, novchadan kelgan, choʻtir kishi.

U, Qoʻqon boylaridan boʻlsa kerak, movut kamzul ustidan yangi sirma toʻn kiygan, boshida katta suvsar telpak.
— Hazratim, ziyoratingizga muntazir edik, tangriga ming daf’a shukurlar boʻlsinki, munavvar boʻldik,— dedi ikkinchi musofir — Abdulaziz maxsum.

U, oʻrtahol, mullanamo kishi edi. Kichigi trinka kamzul ustidan olacha toʻn kiygan, boshida katta koʻk salla.

Hazrat biron sukutdan soʻng birinchi mehmonga murojaat qildi:
— Oʻgʻlim, Qoʻqon ahvolidan soʻzlang, eshitaylik. Ha, darvoqe, Jamoliddin Muhammadkarim soʻfi salomatmilar?
— Salomatlar, taqsirim, hammalari salomatlar. Hazratimga koʻpdan-koʻp duo va salom yoʻlladilar,— deb javob berdi mehmon nazokat bilan.
— Ifrot musaffo inson, shariatning chin homiysi, eshonu azimdirlar. Toshkentga bir dafьa kelgan edilar, koʻp yaxshi suhbatda boʻlgan edik.

Qoʻqondan kelgan mehmonlar Jamoliddin Muhammadkarim soʻfini tariqatning peshvosi, avliyoi pir, deya koʻp ta’rifini gapirdilar. Majlis ahli churq etmay jim oʻtirar edi. Ba’zi boyvachchalar zerikkanlaridan seqin uh tortib qoʻyardilar.
— Islom ahli uchun shariatning piri — paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom yoʻriqlarini astoydil e’tiqod bilan, muhabbat va ishtiyoq bilan bajo keltirmoq olloning buyruqlaridan biridir,— dedi eshon ogʻir, mayin ovoz bilan va mehmonga yuzlandi:—Soʻzlangiz, Mirsiddiqxon maxsum, Qoʻqonda ahli savdoda gʻanilar, zanginlar moʻlmi? Eshituvimizga koʻra, boyonlar orasida paxtachi boylar koʻp emish.

Majlis ahli eshonning boyonlar xususida gap ochganidan xursand boʻlib, bir oz jonlandi.
— Taqsirim, Qoʻqonda zanginlar, ayniqsa, paxta savdosiga mashgʻul boʻlganlar, puldorlar koʻp,— kuldi mehmon,— gapu gashtak, toʻy-tomosha serob. Pulni qay yoʻlga sarf qilishni bilmay, gangiganlar ham koʻp topiladi.

Biqqa semiz, yumaloq gavdali, kalta, qalin soqolli kishi quv koʻzlarini suzib dedi:
— Mehmon koʻp toʻgʻri aytdilar, Qoʻqonda boylar, ayniqsa, qishloqlarda zamindorlar koʻp. Ularning xazinasiga paxtadan oltin bamisoli daryo boʻlib oqyapti.
— Oq poshsho hazratlari Turkiston oʻlkasida tinchlik va osoyishtalik oʻrnatgani tufayli, boyonlarimizning savdo-tijorat ishlari koʻp yaxshi rivoj topdi,— dedi Abdulaziz maxsum.— Afsuski, zavodchi, fabrikant boylar koʻp emas, boisi nima? Faqiringizning gumoniga qaraganda, savdo ahli orasida ahvoli zamonni koʻp farosat qilgʻuvchi ziyrak, epchil odamlar yoʻqligidadir. Madrasada tahsil koʻrganlar darhaqiqat shariatning magʻzini chaqadilar, lekin savdo olamida baliqday suzadigan donishmandlar yoʻq, desam lof emas. Taqsir, siz funun-maьrifat chashmasining boshidasiz, biz kabi hokisor faqiringiz, ahvoli zamonga oid muborak, durdona fikrlaringizni eshitsak...

Majlis ahli ogʻir sukutda eshonning javobini kutardi. Mirsiddiqxon: «Bu qanday noma’qulchilik?» deganday Abdulazizni turtib qoʻydi. Abdulaziz pinagini buzmasdan Buzrukdan javob kutardi.

Eshon chuqur mulohazaga ketganday, koʻzlarini yumgan edi, haytovur qoʻyfurush Badriddinboyning oʻgʻli Qamariddinboyvachcha sukunatni buzishga jur’at etdi:
— Haqiqiy din — bizning muqaddas islom dinimiz. Biz bandalar barchamiz olloning ixtiyoridamiz. Alalxusus hayot kundan-kun murakkablashmoqda. Hayhot, barcha hunarmandlar, boyonlar gʻirt omi. Pirim, bu mushkulotning chorasi nima?

Eshon koʻzlarini ochdi, uzun soqolini silagach, «Hm-m...» dedi va soʻzlarini chertib gapirdi.
— Ahli islom, Muhammad alayhissalom ummatlari olloni haq bilurlar. E-e, jabbor, gunohga botgan ojiz bandadurmiz. Oʻzing bilursan, mushkulotlarni oson qil!..— Eshon bir necha daqiqa tagʻin koʻzlarini yumib, fikrlar ichra choʻmdi, keyin vazmin davom etdi:—Idrok, zako ma’rifatli kishilarimiz dillarida hamisha ollo va paygʻambarni tutib, amal qilsalar, barcha mushkulotlar oson boʻlgʻusidir.— Eshon tovushiga sirli tus berdi. Har bir moʻmin-musulmon faqirmi, zanginmi sabrli, qanoatli boʻlmogʻi darkor.

U toat-ibodat, tasbeh haqida gapirdi. Majlis ahli ixlos bilan tinglar edi. Eshon Abdulazizga qarab iljaydi:
— Shoh Mashrabning nazmlarini oʻqigandirsiz? Soʻfiyona, koʻp ibratli nazmlari bor:

Mashrab sani deb keldi jahonga,
Boshini qoʻydi ostonalarga.
Ey, mayfurushim, bir kosa may ber!
Vahdat mayidan ichgoli keldim.

— Oʻqiganmiz, taqsir, oʻqiganmiz,— deyishdi bir necha kishi.
— Borakallo! Shoh Mashrab ham olloning oshigʻi,— dedi eshon mamnuniyat bilan.— Olloning ishqi haqiqiy, pok ishq.
— U endi soʻfiylarinng tariqati haqida gapira boshladi. Forsiy, soʻfiyona nazmlardan oʻqib, ma’nosini oʻzbekcha tushuntirdi.

Mehmonlar ishtiyoq va e’tiqod bilan tingladilar. Ba’zilar koʻzlariga yosh olib: «Voh, bu olam puch!..» der edilar.
— Balli, bu yolgʻon dunyoning mohiyatini yaxshi tushuning, oxirat boqiydir,— dedi eshon va quyida jim oʻtirgan oʻgʻli Saidnabixonga buyurdi:—Mehmonlar zerikmasinlar, ziyofatni quyuq qilgʻaysiz, xush suhbatda boʻlgʻaysiz.

Saidnabixon dik etib turib, otasiga nazokat bilan qulluq qilarkan, butun majlis ahli oyoqqa qalqib ta’zimga egildi.

Eshon oʻrnidan turdi, magʻrur, bir-bir bosib, mehmonxonadan chiqqach, ichkari hovli tomon yurib ketdi.

Eshonning katta oʻgʻli Saidnabixon mehmonlarni dasturxonga da’vat etdi. Xizmatda boʻlgan yosh muridlar issiq varaqilar, ilikday pishirilgan et-moylarni tortib, kulcha va patirlarni ushatdilar.

Mehmonlardan biri:
— Bismillohir rahmonir rahim, pirimizning dasturxonlari tabarruk, bu ne’matlardan tanovul qilmoq savob,— dedi takalluf bilan,

Ochiqib oʻtirgan mehmonlar taomlarni oshashga kirishdilar.
— Hazratning birodari amakingiz — ulugʻ pir haqida koʻp eshitganmiz, afsuski, tabarruk diydorlarini koʻrishga muyassar boʻlolmadik. Soʻzlang, maxsum, eshitaylik,— dedi Abdulaziz Saidnabixonga murojaat etib.
— Toshkan ahli koʻp ixlos bilan sigʻinar edi ulugʻ hazratga,— dedi terifurush boy Mirsaid, qoʻlidagi ilikli suyakni gʻajib.
— Marhum ulugʻ hazratning ajoyib xislatlari benihoya edi,—dedi Saidnabixon.—Shariat bobida gʻoyat bilgich edilar. Doimo honaqohda muridlar va muxlislar bilan toat-ibodatda boʻlur edilar. Marhum gʻoyat kam uyqu edilar. Bir kuni ulugʻ hazrat hujrada yolgʻiz ibodatda ekanlar, bir kishi huzurlariga keldi. Ulugʻ hazrat darhol oyoqqa qalqib: «Marhabo, xush kelibsiz», deya ta’zimda bukilibdilar. Muridlar sekin eshik ochib boqsalar, hujraga nur yogʻilmish, u sirli avliyo gʻoyib boʻlmish. Ulugʻ hazrat: «Afsus, afsus!» deb qaytib joylariga dilgir oʻtirmishlar. Soʻfilar: «Taqsir, bu ne karomat?» deb soʻrasalar, ulugʻ hazrat: «Gʻoyibdan keldi, sir qolsin...» deb japob beribdilar. Bu kabi sirlarni, bola edim, soʻfilar ia muridlardan koʻp eshitardim.— Allaqanday oʻyga chulgʻanib sukut qildi Saidnabixon.
— Ulugʻ hazrat uylanmasdan toq oʻtganlar, deb eshitamiz, haqiqatmi? Rafiqalari boʻlmaganmi?—soʻradi mehmonlardan biri.
— Yoʻq-yoʻq, uylanmaganlar! Haqiqiy pok inson edilar!—javob berdi Saidnabixon.—Bir kam yetmishda vafot etdilar, bu dunyodan tamom toq oʻtdilar.
— Ulugʻ pirning aft-atvori nechuk edi? Bilsak boʻladimi?—soʻradi chimkentlik bir mehmon.

Mahallaning ellikboshisi sochiq bilan ogʻzini artib, qix-qix kuldi:
— Novchadan kelgan qop-qora kishi edi. Indamas, yuvosh odam edi. Koʻzlari kichkina, lekin hamisha oʻtday yonib turardi. Toq oʻtganligi rost, ammo haramlarida farishtalarday sohibjamollar koʻp, boʻlganmish. Birovlar unday deydi, birovlar bunday...

Saidnabixon jahldan qizarib ketdi.
— Moshoollo! Bu ne boʻhton!—qichqirdi u boʻgʻilib.— Gunohdan qoʻrqing, ulugʻ hazrat bagʻoyat pok zot edilar!

Mirsaidboy kulib dedi:
— Shayxning toq oʻtganligi haqiqat. Huzurlarida koʻp boʻlganman, xizmatlarida turganman. Oqsochlari, yosh-yosh qora soch parilari koʻp boʻlardi. Kim biladi... Paygʻambarimiz toʻrt marta uylangan...

Suhbat oʻzga eshonlar, tarixda oʻtgan mashhur shayxlar ustiga koʻchdi.
— Bir vaqt zamonaning zayli bilan shahri Turkistonga borganman,—dedi kekirib yumaloq, semiz mehmon.— Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qilmoq niyati ila borgan edim. U kishi avliyo buzruk. Xalq orasida u kishi xususida koʻp ibratli rivoyatlar bor. Yassaviy maqbarasini Temir Koʻragon bino qildirgan, koʻp haybatli, muhtasham-maqbara. Gumbazi samoga yetadi. Hazrat oltmish uch yoshga yetganlarida: «Paygʻambar yoshiga yetdim, endi yorugʻ dunyodan voz kechdim», deb chohga kirmishlar. Oʻz koʻzim bilan koʻrdim, u qorongʻi bir choh. Toat-ibodat bilan hazrat yetti yil yashagandan soʻng, adamga ravona boʻlmishlar. Turkistondan Makka-Madinaga yoʻl bor emish. Hazrat Sulton choʻlu sahro, daryo-yu dengizlarni bir lahzada oʻtib, paygʻambarimiz huzuriga borgan emishlar.—Yumaloq kishi qoʻlidagi piyolani boʻshatib, dasturxonga qoʻydi va shoshmasdan tagʻin soʻzida davom etdi:—Hojilar oylarcha yoʻl yurib Makka-Madinaga borganlarida, paygʻambarimiz: «Avvalo Ahmad Yassavyyni ziyorat qilinglar, keyin bu tomonga kelinglar», dermishlar. Xalqning gapi bu.
— Ahmad Yassaviy balki bizning pirimizga chatishgan qarindoshdir?—soʻradi majlis ahlidan biri.
— Ehtimol, ota-bobolarimiz, ajdodlarimiz Ahmad Yassaviyga borib yetar,—javob berdi Saidnabixon.

Suhbat qizib ketdi. Boyvachchalardan biri, paxtafurush, soddaroq kiyingan, koʻp badavlat, lekin xasis, kamgap yigit:
— Taqsir, bir savol bor, mumkinmi?—dedi Saidnabixonga.
— Bajonu dil, marhamat!—tebrandi eshonning oʻgʻli.
— Xalqning gapiga koʻra paygʻambarimizning moʻyi muboraklari va bir dona muborak tishlari bormish. Izoh bersalar, eshitsak.

Mehmonlar qiziqib ketdi, hamma quloq soldi. Saidnabixon paygʻambarning moʻyi va tishi haqida batafsil javob berib dedi:
— Sahobalar avlodida bir arab paygʻambarimizning moʻyi muboragini Toshkentga hadya qilib keltirgan. Shayxlar va soʻfilar moʻyi muborakni gʻoyat ehtiyot saqlaganlar. Hozir moʻyi muborak ham, muborak tish ham shu xonaqohda.—Saidnabixon qoʻli bilan yon hovliga ishora qildi.— Gumbaz ostidagi toshning tagida saqlanadi.

Mehmonlar ixlos bilan koʻzlariga yosh toʻlib tingladilar.
— Marhum bobomiz — ulugʻ shayx paygʻambarimizning muborak moʻyi va muborak tishi ustida xalq koʻz yoshlarini toʻkavermasinlar, deb tosh ichiga jo qilib koʻmdirganlar.

II

Mehmonlar birdan oʻrinlaridan turdilar va eshonning oʻgʻliga: «Boshlasinlar!» deya ishorat etdilar. Barcha mehmonlar tashqari hovlini oʻtib, xonaqoh hovlisiga chiqdilar. Daraxtlar orasidan va hovuz yonidan oʻtib, gumbaz oldida toʻxtadilar. Soʻfi qorovul boʻyra ustida xurrak otib uxlar vdi. Boʻz yaktak va malla boʻz toʻnga oʻralgan pakana soʻfining boshida toʻxtab, Saidnabixon dedi:
— Turing, snzga nima boʻldi, soʻfi, odamlardan uyalmaysizmi? Xob — barodari marg!( Forscha-tojikcha: uyqu— ajalning ukasi.)

Seskanib uygʻongan chol sarosimada qolgan edi, sapchib oʻrnidan turdi, shoshilib chorigʻini oyoqlariga ildi-da, qoʻlida katta kalitni changallagan holda xonaqoh tomon yugurdi.
— Marhamat, xush kelibdilar!—dedi kalovlanib. Xonaqoh eshiklarini keng ochdi soʻfi va bukilib, mehmonlarga ta’zim qildi.

Mehmonlar ogʻir sukunatda qorongʻi xonaqohga bitta-bitta kirdilar. Barcha oʻzini goʻyo paygʻambar qabri oldida his etardi. Oʻrtadagi toshninavbat bilan bir-bir oʻpib, hoʻng-hoʻng yigʻladilar. Gumbaz ustidagi kabutarlar ovozi ularga goʻyo samodan kelgan paygʻambar ovozi kabi tuyulardi.

Hammalari tosh oldida yerga choʻkka tushdilar, keyin bir doʻppifurush, xotinboz, shilqim doʻkondor ingichka, yoqimsiz ovoz bilan allaqanday oyatni oʻqishga kirishdi. Hammalarn ixlos bilan tinglab, uzundan-uzun duo qildilar va orqalari bilan yurib, xonaqohdan chiqqach, tagʻin tashqari hovliga qaytib, dahlizda obdasta va sochiq tutib turgan xizmatchilar oldida toʻxtadilar, qoʻllarini chayib, mehmonxonaga kirib oʻtirdilar.
— Bobongiz koʻp savob ish qilgan ekanlar, chunonchi, paygʻambarimizning tishlari va moʻylarini shundoq ehtiyot saqlaganlar. Bu muqaddas dargoh qiyomatga qadar ulugʻ ziyoratgohdir,—dedi Mirsiddiqxon Saidnabixonga qarab.
— Darhaqiqat, gapingiz toʻgri,—dedi eshonning oʻgʻli boshini tebratib.

Xizmatkorlar tovoq-tovoq palov keltirdilar. Sergoʻsht, sermoy, qazi-qartali palovdan gurkiragan xush boʻy hammaning nafsini qoʻzgʻab, ishtahasini ochib yubordi. Bir-ikki epchil kishi darhol yenglarini shimarib, goʻsht, qazi-qartani birpasda toʻgʻrab tashladi, mehmonlar: «Oling, oling!» bilan oshashga kirishdilar.

Palovga xoʻp toʻygach, koʻk qashqar piyolalarda huzur bilan koʻk choy ichishdi.

Mehmonlar endi ezilib suhbatlashib oʻtirdilar.

Eshonning kichik oʻgʻli Saidgʻanixon bir boyvachcha bilan kirib keldi. U jujun kamzul, beqasam toʻn, yangi moshrang duxoba doʻppi kiygan olifta yosh yigit edi.
— Assalomu alaykum!—dedi u ostonadan mehmotslarga,
— Oʻtiringlar, koʻrganimiz — koʻrishganimiz,— dedi Mirsaidboy.
— Oʻhoʻ, siz janoblar, bexabardirsizlar, yangi voqealar olamni titratib yubordi-ku!—dedi Saidgʻanixon davraga suqilib.
— Mishmishlarni goroddan eshitib kelyapmiz,— dedi Saidgʻanixonning yoniga choʻkka tushgan boyvachcha.
— Moshoollo, tinchlikmi?—soʻradi qoʻlidagi piyolani dasturxonga qoʻygan Saidnabixon.

Mehmonlar taajjubda sabrsizlik bilan qotib qoldilar.
— Nekalay podsho taxtdan tushibdi, bu mash’um xabar shu bugun Peterburgdan yetib kelibdi,—shoshilib gapirdi boyvachcha.

Mehmonlar avval choʻchib tushdilar, keyin hayajondan biri oqargan, biri qizargan holda, agʻrayib qoldilar.
— E-e, boʻlmagan gap...—dedi oʻrtaga choʻkkan ogʻir sukunatni buzishga jur’at etib kimdir.
— Ollo haqi, gorodda duv-duv gap,— dedi Saidgʻanixon.
— Jim-e, polislar ashitmasin!—Saidnabixon qaltirab manglay terini artib olgach, ukasini turtib qoʻydi.
— Oq podsho hazratlari,— dedi boylardan biri oqarib,—olloning bandalariga abadiy buyurgan homiysi edi, bu qanday bema’ni gap!
— Xoinlar koʻp-da, shularning tarqatgan gapi-da,— dedi beparvolik bilan gapirishga tirishgan bir boy.— Tangrim hamisha oʻz panohida asrasin podshohimizni.
— Goroddan kelyapmiz axir, janoblar,—dedi hovliqib Saidgʻanixon.—Eshitganimizni aytamiz-da, shov-shuv koʻp. Gazetalarda hech narsa yoʻq, lekin odamlar orasida gap koʻp. Peterburgdagi ishchilar soldatlar bilan birlik-da qoʻzgʻolon koʻtarib, Qishki saroyni halqalab oʻrabdilar, toju taxtni toru mor qilibdilar. Bu xabar bizning eski shaharga hali yetguday boʻlmabdi. Gorodda qiyomat, ishchilar bilan masterovoylarning ogʻzi qulogʻida.
— Darhaqiqat, Petrogradda ahvol nihoyat betinch, deb eshitgan edim,—dedi Mirsiddiqboy.—Ochlik, muhoriba ishchilar orasida norozilik tugʻdirgan. Ehtimol, toʻgʻri xabardir... Oq podsho hazratlari nuqsondan albatta xolimas. Har qalay bu gap yolgʻon boʻlsinda...

Majlis hayajonda edi, Abdulaziz soʻz boshladi.
— Vahki oq podshoning oʻgʻillari taxtga koʻtarilgandir. Lekin bemor xasta bir oʻgʻillari bor, deb eshitardim,— dsdi Mirsaidboy.
— Hech ishongim kelmaydi,—dedi boshini chayqab yumaloq bosh.—Yolgʻon gapdir. Nekalay-a, Nekalayday podshohi a’zam!—Oyoqlarini uqalab, oʻnglanib oʻtirib oldi boy.— Lekin bir podsho tushsa, tagʻin biri chiqadi taxtga, vassalom! Azaldan taomil shu. Qani, omin, denglar, turaylik.

Bu xabar kutilmaganda qarsillagan chaqmoqdayo barchani hayrat va hayajonga, sarosimaga solgan edi. Fotiha oʻqilgach, mehmonlar duv turib, eshonning oʻgʻillari bilan xayr-ma’zur qilishdi, hazratga salom aytib, tarqalishdi.

Saidgʻanixon yonidagi boyvachchalarga nimanidir shivirladi-da, ichkariga, otasi oldiga shoshilib kirib ketdi.

Bir necha daqiqadan keyin boshiga oq misqoli salla oʻrab, banoras toʻn kiyib Saidnabixon chiqdi, xizmatkorlarga buyruqlar berib otda Shayxantahurdagi madrasaga, doʻsti oldiga joʻnadi: «Balki, birgalikda gorodga chiqarmiz», degan fikrni koʻnglidan kechirdi.

U mish-mish xabarlarni surishtirib, haqiqatni aniqlashga shoshilardi...

Yettinchi Bob

I

Jumaboy bilan Shermat, har kungiday ishdan chiqib, uyga qaytmoqdalar. Zavodga piyoda qatnaydilar, tramvay kirasiga sarf boʻladigan chaqa ham harna roʻzgʻorga madad...

Ayniqsa, shu kunlari bu ikki doʻstning suhbati quyuqligidan tongda ishga, oqshom uyga yetganlarini sezmay qoladilar.
— Chamamda, yoʻlning tanobi ham tortildi shekilli,— deb kulib qoʻydi Shermat.
— Bilasanmi, birodar,—jiddiy soʻzlardi Jumaboy,—Nikolay taxtdan tushdi-yu, tagʻin gap koʻpaydi, ishchilar, ayniqsa, masterovoylar Petrograd voqealarini shu kecha-kunduz daqiqa sayin kuzatib turishibdi.
— Oʻsha badbaxtdan qutulganimiz rostmi, ogʻayni, tagi puch gap emasmikan, deb choʻchib qoʻyaman. Oq podsho-ya?! Toji taxtdan nechuk voz kechdi ekan-a? Aqlim yetmaydi...—boshini chayqadi Shermat.
— Nazarimda Piter ishchilari nihoyat uyushqoq, shijoatli deyman-da,—dedi sekin qadam bosib Jumaboy,— oralarida zoʻr-zoʻr advokatlarni choʻqib tashlaydigan rahbarlari bor emish; har zavod, har fabrikada toʻdalari, jamiyatlari bor emish,—dedi Jumaboy ovoeini pasaytirib.—Shu yerdayam borga oʻxshaydi...—Doʻstiga sinovchan nazar tashladi u.—Gap koʻp, bilmaysan, xumpar, laqmalik ham evi bilan-da. Nuqul: «Xoʻjayin, xoʻjayin!» deb bukilasan, e-e, mazang yoʻq.
— Birodar, bu dunyoning tuzini sendan uch kun ilgari totiganman, xoʻjayinlarga ta’zim qilsang yoqasan, yoqsang— tinch boʻlasan. Basharti «xap, senimi!» desa, oʻsha kuni orqangga tepki yeysan. Shu vajimga tushunsang, menga ta’na qilmassan.—Shermat Jumaboyga yuzini oʻgirdi.— Sen boʻlsang tezsan, hovliqib ketasan. Mundoq boʻlish yaramaydi. Har ishni mezoni bilan qil, sadagʻang ketay!

Jumaboyning har nechuk ensasi qotsa-da, tagʻin gapda davom etdi:
— Ishchilar nuqul Nikolayni kalaka qiladi. Ish bilmas, noʻnoq, lavang emish u. Malika-chi, oʻta ayyor, mugʻambir, aysh-ishratga botgan... Qoʻy-chi, pop oʻynashi bormish. Ha, shunday alomat gaplar.

Shermat qotib kuldi:
— Ularning poplari ham bizning eshonlarga tugʻishgan ekan!

Oʻrdani bosib oʻtib to Samarqand darvozaga yetgunlarigacha Jumaboy bilan Shermatni har qadamda tanish-bilishlari—samovarchilar, kosiblar toʻxtatishar, shaharda tarqalgan mish-mish gaplarni surishtirishar edi. Ikki doʻst shoshilmasdan bilgan-eshitganlarini har soʻraganga takrorlab borardilar.

Choyxonalarda odam qalin. Birovlar: «Xudo bizni yorlaqadi, hurriyat!» deyishsa, boshqa birovlar: «Balli, toji taxtni ostin-ustin qilganlarning otasiga rahmat, ming tahsinu tasanno ularga!» deyishar edi. Yana ba’zilari boʻlsa: «Bu qandoq gap boʻldi, podshosiz mamlakat ham boʻlar ekanmi?» deyishardi ranglari oʻchib.

Shermat uyiga yetganda, Jumaboy bilan xayrdashib hovliga kirdi. Shahardagi shov-shuv gaplar unga tinchlik bermasdi.
— Xotin, hoy xotin, bu yoqqa qara.— Shermat ayvon labiga oʻtirdi.

Ruxsora qora qozoniga bir qoshiq yogʻ solib, yovgʻon ugraga unnagan, biroq hoʻl oʻtinni yondirolmasdan xunob edi. U tutundan achigan koʻzlarini uqalab, ayvon oldiga keldi.
— Yoʻlingizga qarayvsrib oʻlib boʻldim, arpa unidan xamir qordim. Bir yoqda oʻtinni yondirolmay jonim halak. Ovqatim kech qolib ketyapti, nima deysiz?
— Oʻtirsang-chi, xotin, gap koʻp. Oq podsho taxtdan qulabdi. Uqdingmi?

Hayratdan qotib qolgan Ruxsora bir ozdan soʻnggina fahmladi gapning magʻzini.
— Ajab boʻpti-da, zora endi bizdaqa gʻariblarning gʻamshsh yeydigan biron adolatli podsho taxtga chiqsa.
— Voy, haftafahm-ey, podshoning yaxshi-yomoni boʻladimi?! Oq it, qora it — bari bir it! Bizning masterovoylar shundoq deydi, juda bilgach, oʻtkir odamlar. Oʻzimizning Jumaboy bor-ku, u ham aqlda masterovoylardan qolishmaydi, ziyrak.

Shermat, xotini sopol qumgʻondan quyib turgan suvda yuvindi-da, sandal toʻriga oʻtib, devorga suyandi.
— Ovqatingni tezlat, xotin, arpa ugra boʻlsayam qorin toʻysin.
— Ikki oy boʻladi, bolalarning tishi guruch koʻrmaydi...— dedi Ruxsora oshxona tomon ketarkan.

Shu choq eshikdan qora-qura uch-toʻrt bola kirib keldi. Eng kichigi — qizchani katta oʻgʻil opichlab olgan. Bolalar chuvvos bilan otalariga yopishdilar.
— Voy-boʻ, ariqda suv yoʻqmi, qizim,— deb Shermat oʻrnidan irgʻib turdi. U qizchasini ariq boʻyiga olib bordi. Qoʻshni hovlidan chiqqan torgina ariqcha ikki quloch yerni bosib, yana ikkinchi qoʻshni hovlisiga oʻtib ketar edi. Shermat qizchasini yaxshilab yuvintirdi, qizcha xarxasha qilib yigʻlab ham oldi. Shermat oʻylar edi: gʻaribmie, bechoramiz, mana, endi hurriyat fazilati bilan tole yarqirab ketsa shu goʻdaklarning boshiga baxt qushi qoʻnsa, zolimlar panjasida biz koʻrgan zulmlarni balki bular koʻrishmasmidi?

Shu payt, qoʻshni hovlida bir chelak magʻzava ariqqa agʻdarildi. Qoʻshni kampir kimnidir shangʻillab qargʻardi.
— E-e, suvni rasvo qildingiz-ku, xola, magʻzavani suvga agdarasizmi!— ranjib devordan qaradi Shermat.
— Sen ham bormiding endi! Bo, men bilan adi-badi aytishguningcha oqadi-ketadi, bolam. Bobong oʻlgurning hammolligi jonimga tegdi, nahotki qishin-yozin kiri arimasa-ya.
— Bas qil, muncha javrading, kampir,— ayvonda oʻtirgan yeridan doʻngʻilladi chol.— Xursand boʻlib kelgan kuning ham diydiyosini oʻqib kayfingni buzadi-ya, bachchagar.

Kampir yana bobillab berdi.
— Savil, nimangizga xursand boʻlar ekansiz?
— E, xotin, Nekalay podsho taxtdan tushibdi. Bozorda duv-duv gap.
— Voy, choli tushmagur-ey, boyadan beri endi aytasizmi?— gangib qolgan kampirning qoʻlidan chelak taraqlab yerga tushdi.

Shermat kulgidan qotib qoldi. U sandal tegrasida xotini pishirgan yovgʻon ugrani bola-chaqasi bilan ichib oʻtirarkan, qoʻshni kampirning narvon orqali narigi qoʻshnilaridan zolim Nikolay taxtdan yiqilganini aytib, suyunchi olayotgani qulogʻiga chalindi. Atrof qoʻshnilar shovqin-suron koʻtarishib, bir-birlariga xabar qila ketishdi.

Shermat ham ovqatini shoshib-pishib ichdi-da, choyxonaga — yoru birodarlari oldiga yugurdi. Ishdan qaytishda Jumaboy bilan va’dalashishgan edi.

II

Bahor havosidan koʻngillar huzur qiladi...

Zavodning presslash sexida rus, oʻzbek, tojik — turli Millat ishchilari toʻplanishib, allanimani muhokama qilishardi.

Aynigan trinka kamzul kiygan, chakkalari ichiga botgan, baland boʻyli, sariq soch bir rus ishchi kir kepkasini siqimlagan qoʻlini havoda oʻynatib, kuyib-pishib gapirar, gap orasida papirosini qattiq-qattiq tortib, busiz ham dimiqib ketgan xonaga halqa-halqa achchiq tutun taratar edi.
— Oʻrtoqlar, chorizm agʻdarildi. Nihoyat, dahshatli zulm uyasi parchalandi. Mehnat ahlining, gʻariblarning zoriqib kutgan revolyutsiya quyoshi bugun yuzini koʻrsatdi. General-gubernator Kuropatkin boʻlsa, telegrammani qindiriga bosib oʻtiribdi. Badbaxt zavodlardan, korxonalardan yangi xabarni eshitib kelayotgan vakillarni: «Janoblar, imperator oliy hazratlari oʻz joylarida, taxtlarida!» deb laqillatyapti. Jamiki xalqqa ma’lum boʻlsinki, romanovlar sulolasi toju taxtdan abadiy mahrum boʻldi. Biz ishchilar, soldatlar, kambagʻal dehqonlar bilan birgalikda kurashib erishdik bunga. Biroq kurash hali tugagani yoʻq. Yana kurashamiz, aslo chekinmaymiz! Toki ishchi-dehqonlar hokimiyatini oʻrnatgunimizcha kurashamiz. Shu zavodimizning oʻzida qanchadan-qancha millat farzandlari bor. Agar bir yoqadan bosh chiqarib ish tutsak, bu yerdagi eski tuzumni ham sindiramiz, mehnatkashlarni ogʻir musibatdan qutqaramiz.

Soʻng notiq barchani ishga tushmoqqa da’vat etib, oʻzi zudlik bilan temir yoʻl korxonasiga uchrashib, bugungi hodisalardan xabardor boʻlib qaytajagini aytdi va tez chiqib ketdi.

Rus tilini tushunmaydigan musulmon ishchilariga uning aytganlarini Jumaboy va Shermat shivirlab tarjima qilib berishdi.
— Zolim Nikolay podsho taxtdan qulapti. Hurriyatga chiqadigan fursat keldi. Lekin oʻzimizning xonu beklar bor hali. Bularni ham tag-tugi bilan yoʻqotmagunimizcha bizga tinchlik boʻlmaydi. Shuning uchun ham hushyor boʻlmogʻimiz kerak. Yana ayyor boylarning yangi tuzoqlariga ilinmaylik, takror aytaman, hushyor boʻlaylik! Qani ishga!

Ishchilar koʻngillarida orzu-umid, hayajonli hislar toshgan holda oʻzaro soʻzlasha-soʻzlasha ishga tushib ketdilar.

Havoda chang, chigit toʻzoni bulut kabi suzardi. Qanor-qanor, toy-toy paxtalar ostida qaddi dol ishchilar qadamlarini horgʻin, bazoʻr surgar edilar...

III

Vaqt peshindan ogʻgan. Qovogʻi soliq Eshonxon asabiy holda ayvonga chiqdi, izvoshni artib-tozalab yurgan Qoravoyga: «Xoʻjayinning huzuriga Jumaboy bilan Shermatni tez aytib kel!» deb buyruq qildi-da, yana kontoraga kirib ketdi.

Butun gavdasini stolga tashlagan holda yalpayib nimadir chizib oʻtirgan Saidahmadga dedi:
— Boy ota, chaqirdim badbaxtlarni. Picha doʻq qiling, kofirlarning egri yoʻliga zinhor boshlaring ogʻmasin, Nekalay oliy hazratlari odil podshoyi a’zam, deb tushuntiring itlarga.

Boy Eshonxonga ayyorona koʻz qirini tashladi.
— Zamon qaltis, uka, nodonsan... Peterburgda shu kunlari beboshlik avjida; ishchilar, sallotlar hokimiyatga chang solyapti. Koʻpaslar boʻsh kelmas, tangrim oʻzi asrasin, ofatlarni boshimizdan daf qilsin...

Eshonxon boyning qarshisiga oʻtirib oldi, papirosini tutatib valdiray boshladi. U Turkiston boylarining kamfahmligi, tadbirsizligi haqida soʻzladi.
— Musulmonlar — dinning quli. Din-shariat yoʻlida madaniyat va ma’rifat bilan xalqni tarbiyalamoq lozim, musulmon ishchilarining rus ishchilari bilan doʻstlashuviga sad chekmoq lozim. Bunda ulamolarning e’tiboridan foydalanish zarur.
— Bas qil, valdirama!— qoʻlini siltab jerkidi gʻazabidan qizargan boy.— Qoʻyib bersam, jagʻingni xoʻp shaqillatadiganga oʻxshaysan. Madaniyat, ma’rifat emish... Kaltafahm, deb seni aytsa boʻladi. Nekalay podsho taxtdan toyib turgan shu tobda bunday tuturiqsiz gaplarning nima hojati bor?! Maktab, ma’rifat asta-asta boʻlaveradi. Omimizmi? Qirqqa chidagai, qirq biriga ham chidayveramiz. Sen tadbirkor boʻlsang, bugungi dardga davo top!
— Tushundim, tushundim, boy ota,— dedi nafasi ichiga tushgan Eshonxon va papirosini kuldonga ezib oʻchirdi.

Lekin ishning koʻzini bilasan, Eshon,— yumshadi boy.— Hiyla-nayrangda ustasi farangsan. Otang yaxshi, onang yaxshi, deb aldaysan-suldaysan, qarabsanki, moʻljalingdagini birpasda qoʻlga tushirasan, xullas, yulduzni benarvon uradiganlardansan.
— Qulingizni janoblarining oʻzlari tarbiya qilganlar, oʻla-oʻlgunimcha minnatdorman,— dedi ta’zim bilan Eshonxon.— Tadbirkor boʻlsangiz yutasiz, yoʻqsa sizni boshqa baliqlar yutib yuboradi, ish chippakka chiqadi...
— Durust, aqling bajo!— dedi mamnun jilmayib boy.— Yodimda, yetti yil muqaddam otang boyaqish boshlab kelgan edi seni oldimga. «Rus tilini biladigan bolani axtarayotgan ekansiz, kunimga yarar, deb oʻgʻlimni tuzem maktabida oʻqitgan edim, sizga topshirdim, ishlating, oʻrgating»— dedi, yalindi, otang rahmatli. Xoʻp, dedim, olib qoldim. Padaring oʻzida yoʻq xursand boʻlib ketdi. Darhaqiqat, mana, ajabtovur yigit boʻlding.— Moʻylovini bir-ikki burab qoʻydi boy.— Zavodni tez-tez aylanib, musulmon ishchilarni ta’qib qilib tur, koʻz-qosh boʻlmasang, hamma narsa ishkal boʻladi. Ularga tushuntir, boyonlar oʻzimizniki, bir mazhabdamiz, dinimiz, irqimiz bir, bir millatmiz, dsgin. Namoyishga bormanglar, shu zavoddan non yeb turibsizlar, xiyonat yoʻliga qadam qoʻymanglar, degin. E-e, Eshon, nimasini oʻrgataman senga, oʻzing gapga chechansan, bilib gapiraver,— dedi Saidahmadxon yana xomush tortib.

Eshonxon nedir demoqchi boʻlib, ogʻiz juftlagan edi, eshik ochildi.
— Mumkinmi? Assalomu alaykum,— dedi Jumaboy, Uning ketidan kirgan Shermat ham salom berib, Jumaboy yonida toʻxtadi.
— Chaqirtiribsiz, boy ota, xizmat?— soʻradi Jumaboy.
— Oʻtiringlar, qani, oʻtiringlar,— dedi Eshonxon ikki oʻrindiqni oʻrtaga surib.

Bir-ikki daqiqa sukutdan soʻng Saidahmadxon sun’iy tabassum, halim ovoz bilan soʻz boshladi. Zamonaning qaltisligi, Petrograddan yetib kelgan xabarlar ustida gapirdi.
— Oq podsho oliy hazratlari koʻp odil edilar. Necha yillar mobaynida shunday azim bir mamlakatni osuda tutib kelardilar. Afsuski koʻkragi koʻr bezorilar, non-koʻrlar toj-taxtni oyoq osti qilishibdi. Albatta tadbirli odamlar koʻp, zamon tinchib, har narsa oʻz iziga kirib qolar,— dedi yumshoq tovush bilan, boy. — Boymi, kambagʻalmi — biz musulmonlar barchamiz Muhammad paygʻambarning ummatimiz, bir yoqadan bosh chiqarmogʻimiz farz. Sizlar beboshlikka yoʻl qoʻymanglar, musulmon ishchilarga tushuntirib, yoʻlga solinglar,— deb uzoq gapirdi Saidahmadxon.

Jumaboy bilan Shermat koʻzlari yerda, qoshlari chimirilgan, jim oʻtirardilar.

Eshonxon papiros tutatib, qattiq-qattiq soʻrdi. Qoshlari kerilib, koʻzlari olaydi, asabiylashdi:
— Ammamning buzogʻiday baqrayib oʻtiraverasanlarmi, gapirsalaring-chi, eshitaylik.

Shermat Eshonxonni shu damda gʻajib tashlaguday boʻlsa-da, Jumaboydan hayiqqani sababli indamadi, faqat «sen gapir» deganday doʻstiga qaradi.
— Xoʻjayin!— dedi Jumaboy.— Bir millatmiz, bir ummatmiz, deganingiz bari ma’qul, lekin biz nochor, qashshoqmiz, siz boysiz, xasissiz. Shu sababdan bir yoqaga sigʻmasak kerak.
— Obbo, Juma-ey, tuzingni ichib, tuzlugʻingga tupuraman, degin,— dedi boy piching bilan.— Haromzodalarning yoʻliga tushdingmi?
— Yoʻq, xoʻjayin, aslo yomon yoʻlga bosh suqmaganman. Bola-chaqa dardidan ortmaymiz, tirikchilik dardi bamisoli jahannam, yutib yuborgan bizni,— tik qaradi boyga Jumaboy.
— Shermat musulmoni komil, namozni kanda qilmaydi, boy ota, boodob yigit, shu sababdan xush koʻraman uni. Jumaboy boʻlsa shov-shuv mojaroning boshida,— gap qistirdi Eshonxon.
— Gapir, tovutkash!— dedi boy, quv koʻzlarining qiri bilan Jumaboyga boqib.— Otang gʻayratli, donishmand, moʻmin odam edi, koʻp yillar rahmatli otamizning xizmatlarida boʻlgan edi.

Jumaboy koʻksini gʻazab va nafrat hissi chulgʻab kelayotgan boʻlsa ham, oʻzini bosib, boshidagi kir doʻppisini bir-ikki asabiy aylantirib qoʻydi.
— Ishlasang — tishlaysan, degan gap bor, xoʻjayin. Biz ishdan bosh tortmaymiz, biroq ishlamasdan tishlaydiganlar bor. Nikolay badbaxtdan qutuldikmi, zulmdan qutulibmiz, xudoga shukur — deb Jumaboy avval boyga, keyin Eshonxonga dadil boqdi.

Boy javob topolmay bir daqiqa sukutda qoldi, u ichki sarosimani yashirishga tirishardi. Nimadir demoqchi boʻlgan Eshonxonga bir xoʻmraygan edi, u ham jim qoldi.
— Boʻpti, ishlaringga joʻnanglar, lekin musulmonlar haq yoʻldan ozmasinlar!— dedi toʻng ohangda boy.

Jumaboy bilan Shermat bir-birlariga ma’noli qarab olishgach, yengil yurib chiqib ketdilar. Orqalaridan xoʻmrayib qarab qolgan Eshonxon: «Kasofatlar!» deb toʻngʻilladi, lekin boyning ichki kayfiyatini yaxshi tushunganidan, shu topda bir ogʻiz gap aytishga botinmadi, jim turaverdi.

Saidahmadxon qoʻlidagi papirosini chekib tugatgach, kerishib oʻrnidan qoʻzgʻaldi, Eshonxonga zavodga chiq, deb ishorat qildi-da, ayvonga oʻtdi.

Gavdasining ogʻirligidan zinadan chayqalib zoʻrgʻa tushgach, zavodning keng hovlisiga bir qarab oldi va kekkayib izvoshga oʻtirdi.

Sakkizinchi Bob

I

Qorongʻilik tong yorugida erir ekan, quyosh muhtasham koʻtarildi. Yuzlariga shafaq surgan, on sayin ming turlangan mayin bulutlar moviy havoda koʻrkam kezar edi.

Eskijoʻvada odam koʻp. Aksariyat yoshlar, ziyolilar, yangi maktab muallimlari — maьrifatparvar jadidlar. Ustalar, mardikorlar, duradgorlar koʻp edi. Bir chetda havaskor yosh sozandalardan iborat duxovoy muzikachilar toʻdasi eski-yangi kuylarni chalar edi. Madrasa talabalari, boyvachchalar ham koʻzga chalinar edi.

Bir ziyoli boyvachcha jadid doʻsti bilan xotin-qizlar masalasi xususida qizgʻin bahslashardi.
— Islom dinida xotin-qizlar masalasi murakkab muammo. Paygʻambarimiz tili bilan aytganda, bizning islom dinimizdagi ayollar iffatli, nomusli, hayoli boʻlmogʻi shart,— derdi u.
— Darhaqiqat, mushkul masala,— derdi jadid boyvachchaning soʻzini ma’qullab.— Xotin-qizlarimiz ta’lim olmoqlari mumkin, ammo hamisha pardada boʻlmoqlari shart. Toʻgʻri, bizning paranjilarimiz bir oz xunukroq, isloh talab.

Nariroqda Umarali bir-ikki doʻstlari, tolibi ilmlar bilan quyuq suhbatda.

Yigʻilgan xaloyiq suron bilan yangi shahar tomon qoʻzgʻaldi. Muzikachilar yangi oʻrganilgan allaqanday bir marshni chalib, oldinda borardilar. Yoʻl-yoʻlakay guzarlarda, choyxonalardagi odamlar, baqqollar — hammalari oʻrinlaridan turib tomosha qilardilar. Duv-duv gap, kulgi, hazil — hammasi faqat Nikolay ustida edi.

Olomon Oʻrda suvini yoqalab, Skver maydoniga qarab yoʻl oldi. Koʻchalarda qizil bayroqlar, turli shiorlar yozilgan plakatlar koʻtargan kishilar. Maydon atrofida otliq va piyoda askarlar turardi. Bularning chehralarida jiddiyat, tantana va hayajon ifodalanardi.

Rus ishchilari eski shahardan chiqqanlarni mamnuniyat va olqishlar bilan qarshiladilar. Zoʻr hayajon bilan bir-birlarini tabrik etdilar. Ishchilar, ustalar, mardikorlar rus doʻstlari bilan quchoqlashib koʻrishdilar.
— Yashasin hurriyat!
— Qonxoʻr Nikolay daf boʻlsin!
— Yashasin mehnatkashlar!

Hayajonli shiorlar goh oʻzbek tilida, goh rus tilida ketma-ket yangrar edi.

Namoyish yuksak ruhda, hayajon toʻlqinida davom etardi. Ruslar koʻp edi, demokrat ziyolilar — muallimlar, jurnalistlar, prikazchiklar koʻp edi. Temir yoʻl korxonasidan, tramvay parkidan, zavodlardan, turli mayda korxonalardan yigʻilgan ishchilar Skver, Tovuqbozor, Piyonbozorga liq toʻlgan. Ozodlik bayrami butun mehnat ahlining qalbiga sevinch toʻldirgan. Shavq bilan, yuksak hayajon bilan barcha koʻchaga chiqqan.

Saidahmadboyning yugurdagi Eshonxon ishchilarni aldab-avrab, zavoddan chiqarmaslikka urinib koʻrsa ham, ilojsiz qoldi. Jumaboy, Shermat butun musulmon ishchilarni boshlab, rus doʻstlari bilan birgalikda namoyishga qoʻshildilar.

Mana, Jumaboy bir toʻp musulmon ishchilar oʻrtasida nutq soʻzlamoqda. Hayajondan uning yuragi gurs-gurs uradi. Qoʻlini paxsa qilganicha uncha-muncha rus soʻzlarini aralashtirib, baland ovoz bilan soʻzlardi u. Nariroqda Petrov, shapkasi qoʻlida, joʻshqin nutq soʻzlaydi. U goh-goh kissasidan roʻmolchasini olib, peshanasini artib qoʻyadi.

Notiqlar oʻzgarib turardi, ketma-ket yangi-yangi notiqlar soʻz olardi. Bular bir-biridan joʻshqin, bir-biridan toʻlqinli soʻzlardilar. Asrlar boʻyi hukm surgan zulm zanjiri parchalangani, jabr uyasi boʻlgan Romanovlar taxti yemirilgani, zimiston hayotga haqiqiy ozodlik quyoshi kulib boqqani haqida shavq-zavq bilan gapirardilar.

Musulmon ishchilarning koʻpchiligi rus masterovoylari, rahbar ishchilari soʻzlagan bu haroratli nutqlarni tushunolmaganliklaridan xit boʻlardilar. Oralaridagi rus tilini uncha-muncha tushunadiganlari tarjima qilishga urinardilar.

Bir yerda duradgorlar, gʻishtchilar, mahsidoʻz ustalar, suvoqchilar, mardikorlar guruh-guruh turardilar. Ular orasida soqoli koʻksiga tushgan, koʻrinishdan jiddiy, serfikr, mulohazali mehnat sherlari diqqatni jalb etardilar. Bular chuqur sukutda nutq tinglardilar.

Chekkaroqdagi katta daraxt tagida Saidahmadxon kekkayib, papiros chekib turibdi. U bu gaplardan ensasi qotganini, yuragida qoʻzgʻalgan tashvishini yashirishga tirishar, ishchilarning xatti-harakatlariga loqaydligini koʻrsatish maqsadida oldidagi bir-ikki boyvachchaga Petrograd voqealarini gapirar edi.
— Bu yalangoyoqlar vaqillayveradi-da, qoʻllaridan nima kelardi? Knyazlar ham qarab oʻtirishmagandir. Tadbir-chora koʻrishayotgan boʻlsa, ehtimol davlat yana oliy hazrat Mixail Aleksandrovich qoʻliga oʻtar. Buni menga janob gubernator maxfiy suratda ma’lum qildilar,— dedi shivirlab, soʻng quv koʻzlarini qisib, ma’noli jilmayib qoʻydi.

Tatar boylaridan biri uzoqdan Saidahmadni koʻrib qolgan edi. Koʻziga oltin pensne, ustida baxmal yoqali yangi palьto, bilagiga aso osgan tatar boy Saidahmadxon va boyvachchalar bilan soʻrashib: «Iyy, tangrim, bu nindiy mahshar!» dedi va hassasini bilagidan olib yerga tiradi-da, gapga tushib ketdi. U Peterburg voqealari, muhoraba haqida, kechagina oʻzining general-gubernator Kuropatkin huzurida boʻlgani va oʻrtalarida oʻtgan suhbatni goh pensnesini tuzatib, goh hassasini oʻynab benihoya ezmalik bilai soʻzlay boshladi. Soʻng: «Inshoollo, zamon tinchib qolar, afandilar», dedi va ta’zim bilan xayrlashgach, tagʻin bir tanishining oldiga oʻtib ketdi.

Koʻngillariga gʻashlik toʻlgan Sandahmadboy va boyvachchalar ham yon koʻchada turgan izaoshlariga, oʻtirishib joʻnab qolishdi.

II

Umarali doʻstlari bilan xayrlashgach, Skverdan aylanib Piyonbozorga bordi. Piyonbozorda odam koʻp edi. Umarali bugungi voqealar, eshitgan nutqlari haqida xayolga choʻmgan holda sekin yurib, qatbr qassob doʻkonlar oldidan oʻtdi va tor choyxonaga keldi. Kir sholcha yoyilgan karavotga oʻtirdi.
— Ha, ishlar qalay?— dedi samovarchiga qarab kulimsiragan Umarali.— Tashna boʻldik, bitta choy.

Chaqqon samovarchi shu ondayoq bir choynak choy koʻtarib keldi.
— Xoʻsh, mulla aka, koʻrinmaysiz, xamma yoq namoyish, Nekalay zolim qulapti, falokatdan qutuldik. Ozodmiz,— kuldi samovarchi.

Umarali choyni qaytardi:
— Soz boʻldi, xalq juda xursand, ajoyib davr kelyapti. Leknn, uka, Turkiston oʻlkasi qorongʻida, hammamiz yalpisiga savodsizmiz, buning chorasini izlash kerak,— dedi Umarali choydan hoʻplab.
— Musulmonlik asta-asta, mulla aka, toʻgʻrimi? Oʻzimiz omi boʻlsak, bir kun bolalarimizning savodi chiqib qolar. Ha, rostdan, mahalla tinchlikmi? Bir haftadan buyon uyga tusholmayman, ish-ish... Xoʻjayin qurgʻur hadeb qimor oʻynagani oʻynagan. Ha, mulla aka, quling oʻrgilsin kabob bor, yeysizmi? Seli jizillab turibdi.

Umarali kulimsiradi:
— Hol soʻr, ammo hamyonni ham soʻr, uka, bilasan-ku, qip-qizil goʻshtmiz.

Samovarchi soʻzamol edi:
— E-e, aka, vaqf sandigʻining kaliti sizlarda-ku!
— Ey tavba,— javob berdi kulib Umarali,— bizda emas, ulamolarning changalida.

Samovarchi indamadi.

Choyxonada dehqonlar, korandalar koʻp edi. Hali choy, hali non soʻrab turardilar. Samovarchi bitta kulcha bilan ikki six kabobni sekin Umaralining oldiga qoʻyib ketdi.

Umarali kabob ustidan bir-ikki piyola achchiq choy ichdi. Soʻng oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Choy va kabob haqini tashlab, xayrlashdi:
— Tashakkur, birodar, salomat boʻling, dedi va kabobpazga ham boshini liqillatib xoʻshlashdi.— Hujraga marhamat, suhbatda boʻlamiz.
— Fursat boʻlganda albatta boramiz, oʻzlari ham kelib tursinlar, mulla aka,— dedi samovarchi va qoʻlidagi boʻsh choynaklarni koʻtarib narigi boshga yugurdi.

Umarali shoshmasdan Piyonbozordagi tramvay toʻxtaydigan joyga bordi. Kissasida bir-ikki chaqa borligida tramvayga tushmoq niyatida edi u. Shu payt yonidan shirakayf ikki boyvachcha oʻtdi. Umarali ularga qarab: «Tavba, dunyoning toʻfoni toʻpigʻiga chiqmaydi-ya, bularning!» deb koʻnglidan oʻtkazdi. Boyvachchalardan ensasi qotib, teskari qaragan edi, oldiga kelib toʻxtagan uch paranjili — ikki qiz va bir kampirga koʻzi tushdi. Odatda yangi shaharda musulmon ayollar kam uchrardi.

Umarali sekin bir-ikki qadam tashlab, qizlarga yaqinroq keldi. Chachvon tagidan qizlarning biri, ayniqsa, koʻhlik koʻrinib ketdi koʻziga. Ayni paytda tanishdek ham tuyuldi. Qizlar oʻzaro sekin suhbatlashib turishardi. Toʻsatdan nazarini tortgan qiz kulib yubordi.
— Oʻsha, oʻzimizning mahallalik yigit-ku,— dedi u kampirga shivirlab.

Buni Umarali ham eshitdi va fursatdan foydalanib qiz bilan bir-ikki ogʻiz suhbatlashishga jazm qildi.
— Zumradxonmisiz? Taniyapman,— dedi eskigina paranjidagi qizga murojaat etib.— Nima qilib yuribsiz gorodda, taajjub?— soʻradi kulimsirab.
— Merovoddan kelyapmiz. Bir oʻrtogʻimnikiga qiz oshiga borgan edik. Men-ku, tanish emasdim-a, mana bu oʻrtogʻim qoʻymadi, yur deb,— Zumrad yonidagi yangi shohi paranjidagi Badriddin qoʻyfurushning qizi Manzuraxonni imlab koʻrsatdi.

Umarali bilan Zumradlarning mahallasi bir-biriga yaqin. Umarali Zumradni bolaligidan xush koʻrar edi. Qiz oʻsha vaqtlaridayoq shoʻx, oʻynoqi, gapga chechan, dildor edi. Yoshlikda ikki-uch mahalla qizlari, bolalari yigʻilishib «kepak-kepak», «qush tili» oʻynashar edi. Oʻyinga qiziqib ketganlaridan, qosh qorayganda onalarining zoʻri bilan istar-istamas tarqardilar. Yillar oʻtishi bilai bular oʻsib, Umarali madrasaga oʻqishga ketdi. Zumrad boʻyi choʻzilib paranjiga kirdi. Bolalikda paydo boʻlgan tuygʻuning nimaligini Umarali keyinroq tushundi. Qizni koʻrish mushkullashgan sari uni tez-tez eslar, yuragi totli urib, birga oʻtgan damlar xayoli bilan yashar zdi. Goho uyiga kelganda singlisi Qumrixonga: «Oypopuk qalay, omonmi? Olamda misli yoʻq, goʻzal qiz-da!» deb qoʻyardi. «Yuribdi, avvalgidan ham koʻhlik, bir husniga oʻn husn qoʻshilgan. Sizni tez-tez soʻrab turadi», derdi singlisi.

Umarali Zumrad oldiga tagʻin bir qadam bosdi:

— Burqa’ni koʻtar, tangri uchun, el seni koʻrsun,
Bu husnu malohat yana qay kun uchundur?—

dedi shivirlab, haroratli ohangda.
— Goʻzal bayt, Lutfiy hazratlarini oʻqishni ham, tinglashni ham yaxshi koʻraman,— dedi Zumrad chiroyli kulib.
— Goʻzal qizlarga yarashadigan baytlari koʻp hazrat Lutfiyning. Eshitdimki, maktabga borib, otin oyimga dars beribsiz?!—kulib yubordi Umarali.
— Yoʻgʻ-e, oʻldimmi! Otin oyim rahmatli oʻqigan, donishmand, shirinsuxan ayol edilar,— dedi Zumrad.

Shu orada tramvay kelib toʻxtagan edi. Qizlar chaqqonlik bilan kampirni qoʻltiqlashib tramvayga chiqib olishdi, ularning ketidan Umarali ham chiqdi. Kampir tramvaydan tushishning osonligini koʻzlab oldinga yoʻrgʻalagan edi, Manzura ham Zumraddan ensasi qotib, kampirning yoniga ketdi.

—Zumrad oʻlgurning behayoligini qarang, darrov oshigʻini topib oldi. Uyalmaydiyam, shuncha odamning oldida shaqillab oʻtirganini qarang!— dedi Manzura kampirga shivirlab.

Kampir indamadi, bir necha daqiqa oʻtgandan keyin asta dedi:
— Ha, aylanay, zamon oxir boʻlgani shu-da.— Bir ozdan soʻng qoʻshib qoʻydi:—Koʻngil koʻngildan suv ichadi, degan gap bor, qizim, bizlar gumrohlik bilan oʻtkazgan ekanmiz umrni.
— Yoʻgʻ-e, tagi pastligidan, buvi,— dedi Manzura va yoniga kelib toʻxtagan oppoqqina rus konduktor xotinga qayta-qayta sanab, biletga pul uzatdi va uchta barmogʻini koʻrsatdi.
— Mulla akam menga belat olganlar, ovora boʻlmang, Manzuraxon,— dedi Zumrad oʻtirgan joyidan.

Manzura darrov konduktor xotin qoʻlidan ortiqcha pulni olib, choʻntagiga soldi:
— Mulla akangizning oqchalari atigi ikkita biletga yetibdi-da,— dedi kesatib.

Oʻzaro quyuq suhbatga kirishib ketgan Zumradxon bilan Umarali Manzuraning pichingini eshitmadilar ham.

Vagon boʻshgina, tanishlar ham koʻrinmas edi. Odamlar koʻpincha eski shahar bilan yangi shahar oʻrtasida piyoda qatnar edilar.

Umarali zavq bilan gapga berilgan esa-da, goho yon-tevaragiga qarab qoʻyardi. Musulmonlar xotin-qizlarning koʻcha-koʻyda erlar bilan soʻzlashishlarini gʻash koʻrardilar.

Shayxantahurda Manzura va kampir Zumrad bilan xayrlashdilar. Manzura uch kundan keyin kelishini, zarur ishi borligini aytdi. Zumradning qulogʻiga engashib shivirladi:
— Mulla akangiz silliqqina ekanlaru, biroq kambagʻalliklari bor-da, mundoq puldorrogʻi yoʻqmidi?!

Zumrad darrov piching bilan sekin javob berdi:
— Mulla akam faqir boʻlsayam aqli raso. Puldorlar sizga munosib.
— Bas, tiling judayam achchiq-ey!— jerkdi Manzura va yuzini ters burdi.

Zumrad pisanda qildi:
— Oʻrtoqjon, bilmaysiz, mehnatning oshi lazzatli boʻladi...

Manzura indamadi, kampirni oldiga solib, tushib ketdi.

Balandmachitga yetgach, Zumrad bilan Umarali ham tushdilar. Ular bir-ikki qadam oldinma-ketin yurib, Jarkoʻchaga burildilar.

Umarali hislari toʻlqinlangan holda shirin gaplarni, ajoyib latif soʻzlarni shivirlar edi. Jarkoʻchada suv yoqalab xush suhbatda sekin borardilar.
— Hamisha xayol ogʻushida yuraman,— dedi Umarali bir on toʻxtab,— dardim-alamim, orzu va tilaklarim — barchasi koʻnglimga hibs etilgan. Yurak doimo ishq oʻtida oʻrtanadi...— Tagʻin asta yurdi qizning izidan.

Zumrad yoʻlning past-balandidan ehtiyot qadam tashlasa-da, qoqila-suqila borar edi. Qalbi gurs-gurs urar, koʻksini toʻlatgan shirin tuygʻulardan mast, entikib qoʻyar edi. U qanchalik sarbast, shoʻx boʻlsa-da, shu topda aytishga bir soʻz topolmaganday, yoki shirin roʻyoni buzgisi kyolmaganday sukutda borar edi.
— Fikrim, xayollarim faqat sizda, bolalikdan sevaman sizni, inoning, Zumradxon,— dedi yigit yalingan ohangda.— Hujramda yolgʻiz oʻtirganimda yoshlik, bolalik chogʻlarimizda birga oʻynaganlarimiz, tomma-tom chopib, varrak uchirganlarimizni eslayman. Esingizdami, katta qurogʻimni siz uchirib yuborgan edingiz... His etamanki, sizga yetadigan qiz yoʻq jahonda...
— Xayr, mulla aka,— dedi qizarib Zumrad mahallasiga yetgach,— odamlar yomon-a, gap-soʻzdan qoʻrqaman...
— Xayr, goʻzalim, faqiringizni unutmang... Umidim katta,— dedi Umarali ham qizargan holda.

Zumrad indamadi, tez yurib koʻchasiga burilib ketdi.

III

Umarali madrasaga horgʻin, lekin koʻksi toʻla shirin xayollar bilan kirib keldi! Madrasa sokin. Hujralarda talabalar biri arab, biri fors tilini mutolaa qilish bilan band.

Umarali choʻntagidan kalitni olib, hujrasini ochdi, boshidagi salla va ustidagi olacha toʻnini, qoziqqa ildi, tokchadan eskigina doʻppisini oldi-da, barmogʻi bilan chertib qoqdi. Kichkinagina taqir poʻstakka choʻzilarkan, xayoli tagʻin Zumrad tomon uchdi... Umarali koʻzlarini yumib, xayol daryosida oqadi, keyin asta-sekin Zumrad uzoqlashadi. Umarali madrasaning ahvoli, tolibi ilmlar haqida oʻyladi, soʻng bugun namoyishda eshitgan gaplari yodiga tushdi. Eshitgan gaplarini bir-bir eslab, magʻzini chaqishga urinib koʻrdi. Rus tilini bilmaganidan oʻkindi.

Eshik gʻiyq etib ochilib, Xurram maxsum kirdi.
— Mumkinmi? Ishlar qalay, gorodga laqillab chiqib keldingizmi?— qochiriq qildi u.

Umarali istar-istamas yostigʻidan boshini koʻtardi, erinchoqlik bilan kerishib, Xurram maxsumga oʻtirishni imo qildi.

Xurram maxsum mullayoqa kir koʻylak ustidan kiygan olacha toʻnining etaklarini oʻrab, choʻkka tushdi, siyrak echki soqolini barmoqlari bilan tarab oldi, piltasi chiqqan eski taqiyasini boshida bir aylantirib qoʻydi, «qani gapiring», deganday, shilpiq koʻzlarini Umaraliga tikdi.
— Gorodga chiqdik,— dedi shoshmasdan Umarali.— Juda katta namoyish boʻldi. Rus ishchilar, masterovoylar barchasi oʻsha yerda. Musulmonlar ham bor. Palisa, mirshablardan nishon yoʻq, in-iniga kirib ketibdi. Qonxoʻr Nikolay yiqildi, endi barchamiz ozodmiz, deb barcha behad xursand. Ayting-chi, ogʻa, Nikolaydan qutuldik, bu haqrost. Lekin oqibati nechuk boʻlar ekan?

Xurram maxsum ogʻzidan nosvoyni devor tagiga tufladi-da, mingʻirlab gap boshladi.
— E-e, shungayam boshingni qotirasanmi, xom kalla?! Biri taxtdan tushsa, yana biri chiqadi, taomili shu, vassalom!— birpas jim qoldi u, soʻng koʻnglidagi andishaga oʻtdi.— Doʻstim Umarali, bu befoyda gaplarni yigʻishtir, taomdan gapir.

Umarali iljaydi:
— Paygʻambarlarning buyurgani qanoat, buni janoblari aslo unutmagaylar. Bir burda nonu bir piyola choy bas, biz oʻzgasini orzu qilmaymiz.
— Madrasaning toʻqlari yogʻli, goʻshtli palovni musallas bilan uradi, biz-chi, biz xudoga nima yozibmiz!— dedi Xurram asabiylashib.

Shu choq hujraga yelkasida xurjun, harsillab Sidqiy maxsum kirib keldi. Yelkasidagi xurjuini devorga suyab qoʻygach, sevinib ketgan Umarali bilan quchoqlashib koʻrishdi, Xurram maxsumga qoʻlini uzatdi.
— Bugun barcha gorodda ekan, sizni koʻp izladim, gap-soʻz koʻp, chiroq!— dedi etiklariiing changini artib Sidqiy.
— Uzoqdan bir koʻrindilaru, yana odamlar orasida koʻzdan gʻoyib boʻldilar,— javob berdi kulimsirab Umarali.

Shoir Sidqiy maxsum Iskandardan; kambagʻal oilada tugʻilib oʻsgan, qattiqchilikda qiynalib oʻqigan, keyin madrasaga joylashgan. Koʻp xoru zorlik bilan madrasani tugatgach, Iskandarga qaytmasdan, shaharda qolgan. Nazmda xiyla tuzuk, qalami oʻtkir, pishiq, hozirjavob shoir edi. Oʻrta boʻyli, muloyim ifodali, yuzlari burushiq, faqirona kiyingan, xushfe’l, xushmuomala kishi edi.

Shoir moʻ’jazgina hujraning toʻriga chiqib, chordana qurib oʻtirgach, namoyishda koʻrgan-eshitganlarini gapira boshladi.
— Podshoning oʻzi lavang ekan, yakka-yagona oʻgʻli kasalmand ekan, inim. Ammo xalqning gʻazabi kekirdagiga kelgan, hozir Iskandar Zulqarnaynni taxtga oʻtqazsalar ham, eplay olmaydi. Ha, zamon shundoq,— dedi Sidqiy maxsum va kalta moshkichiri soqolini siypab qoʻydi.
— Toji taxtdan, podsholardan bezdik, daf boʻlsin barchasi,— dedi shoirga qarab Umarali.— Lekin Turkistonning ahvoli nechuk boʻladi, shu koʻngilga gʻashlik soladi, ogʻir gʻaflat ogʻushidamiz-ku, ogʻa!

Shoir koʻzlarini yumgan, quyi solingan boshini chayqab oʻtirar edi:
— Shu topda, zamon bir doshqozonday qaynab turibdi, inim, sabr qilaylik-chi, ulamolar, ziyolilar tabaqasidan aqli zakolar bir yoʻl koʻrsatar, degan umid bor. Koʻngildagi ilhom bulogʻi sira tinim bermaydi. Shu lavang podshoning chirik uyasini, makkora malikaning pop oʻynashini hikoya qilib bir hajv yozsam, degan niyatim bor.

Qotib kulgan Umarali oʻrnidan turib ketdi:
— Balli, yozsinlar, sizning oʻtkir qalamingiz ularning qabih qiyofalarini barchaga oshkor qilgay. Yozing, ilhom parisi madad bergay,— dedi Umarali va mehmonning roʻbaroʻsiga oʻrnashib oʻtirdi.
— E-e, tavba!— dedi bularning gapi tugamaganidan xit boʻlgan Xurram maxsum.— Hayot bir misli daryo, uni na siz, na biz, na ulamolar teskari oqiza oladi, oʻz yoʻlida ketaveradi, behuda bosh qotirmanglar, baraka topgurlar. Taqsir, siz deyman, shu madrasaning tuprogʻini xoʻp yaladingiz, lekin hanuz eshon va ulamoning kimligini bilmagan gʻofil ekansiz. Ulamolar xalqning gʻamini yermidi? Ular oʻzlarining tomogʻi, qorni dardida! Eshonning qorni beshdir, biri hamisha boʻshdir, degan gapni eshitmaganmisiz? Qani, doʻstlar, vaqt peshindan ogʻdi, tamaddi lozim, bizning qornimiz bitta, gʻamini yeylik... Puldan choʻzinglar, kaminadan xizmat, bir palovjon yasab kelay.

Shoir istehzoli kulgi bilan javob qildi:
— Pul bizda chikora, maxsum, nafsni tiying. Xalqning tishlagani burda noni yoʻq, siz palovni orzu qilasiz!
— Bas qiling bema’nilikni!— dedi Xurramga Umarali qizargan va ranjigan holda, keyin shoirga murojaat etdi.— Darrov bir risola bitsinlar, qofiyalarni pishiq-puxta qilib, ibratli iboralarni yogʻdirib tashlagaysiz. Kaminangiz ham qarashib yuboradi, koʻchirish, bosmaga tayyorlash kabi ishlarni bizning zimmamizga yuklayversinlar.

Shoiriing yuzi yorishdi, indamadi, oʻrnidan turib xayrlashgan hamon chiqib ketdi.

Xurram maxsum bir otim nosini tilining tagiga tashladi, duduqlanib dedi:
— Yo rabbim, tilning uzuni dallolga kerak deb oʻylardim, gumroh ekanman, endi bilsam, tilning uzuni shoirniki, qolaversa, seniki ekan.

Umarali indamadi, tokchadagi kitoblarni titkilay boshladi. Maxsum noxush kayfiyatda boʻshashib chiqib ketdi.

Umarali bir arabcha kitobni qoʻltigʻiga bosib, hujrani qulfladi, darsxonaga — oʻrtoqlari oldiga yugurdi.

Toʻqqizinchi Bob

I

Boʻgʻotlari toʻkilib turgan torgina zax ayvonda pastakkina omonat kursiga oʻtirib, Unsin mahsi tikar edi.

Qiz Shokir otaning bolalarga moslab bichgan bachkana mahsilarini tikarkan, ipni qulochkashlab tortar va pishiq boʻlsnn uchun uni tez-tez mumlab qoʻyar edi. Qiz butun zehni, diqqatini berib, jon-dili bilan chok tikardi.

Shokir ota Unsinni oʻz qiziday sevadi, erkalaydi, achinadi unga. «Uncha koʻz nuringni toʻkma, qizim, nari-beri tikaver, bozor koʻtaraveradi», derdi Unsinga. Qiz koʻnmas: «Bolalarga pishiqqina boʻlgani yaxshi», der edi kulib.

Unsinning ta’rifi chor atrofga tarqalgan. «Qoʻli gul, tolei oftob», deb maqtardilar uni. Odamlar shu sababdan buyurtma mahsilarni Shokir otaga topshirardilar. Ayrim kosiblar Unsinni oʻzlariga ogʻdirib olish uchun ba’zan urinib ham koʻrardilar. Shokir otadan va buvisidan yashirin Unsinning oldiga biror kampirni yuborib, ming turli narsalar — pul, yaxshi kiyim-bosh, hatto boy kuyovlar ham va’da qilardilar. Unsin ba’zilarini yaxshi gap bilan qaytarar, ba’zilarini koyib haydar edi. «Holni koʻr, dardni soʻr», deydilar. Sherday ogʻam ado boʻldi, orqasida soyaday titrab qoldim; yolgʻiz jigarim Elmurod Rusiyaning ayoz yerlarida ne gʻurbatlarda yuribdi. Menga kiyim nima darkor, kuyov nima darkor? Ma’ni bormi sizda?! Bas, jahlim chiqsa, kavushingizni toʻgʻrilab qoʻyaman» deb ogʻzilariga urardi ularning.

Hech kim uni alday olmas, yoʻldan urolmas, aqlli, farosatli qiz, Shokir otani oʻz otasiday sevar, hurmat qilar edi.

Shokir otaning doʻkoni keldi-ketdi, bekorchilar koʻp. Birov narx-navo, qimmatchilikdan shikoyat qilsa, birov u yoq-bu yoqdan gʻaplashib, koʻngil yozgani keladi.

Unsin koʻpincha ayvonda yolgʻiz ishlaydi. Shunday vaqtlarda u oʻz xayollariga erk berib, qalbini hamisha choʻgʻday kuydirib turgan dard toʻlqiniga botadi, ba’zan Shokir ota huzuriga kelganlarning suhbatlariga quloq berib ovunadi. Ba’zan otaning oldiga bitta-yarimta savodli tanishlar kelib qolardi. Ana oʻshanda, Abomuslim janglari, forsiydan tarjima qilingan turli jangnomalarni oʻqirdilar. Bunday kezlarda Unsin vaqtning oʻtganini ham, charchaganini ham sezmas edi.

Ba’zi-ba’zida oʻziga oʻxshash faqir qoʻshni qizlar, oʻrtoqlari chiqishib, koʻngillarini gam-gʻussadan jinday boʻshatadilar.

Shokir otaning kampiri Risolat bibi uyda kam boʻladi, tentirashdan boʻshamaydi. Goh kinna solgani ketadi, goh eshonnikiga ketib yoʻq boʻladi. U eshonning xizmatida boʻlishni olloga ibodatning bir yoʻli, deb ishonadi.

Osmonda bulutlar karvoni tinmay suzadi. Quyosh goho bir koʻrinib, tagʻin bulutlarga burkanib oladi. Havo izgʻirin...

Qor, yomgʻir ayniqsa Shokir otaning chakkasiga tekkan edi. U har gal eski omonat narvonni tomga avaylab qoʻyadi. Qirq yamoq guppi choponga oʻralib, boshiga almisoqdan qolgan telpagini bostiradi-da, tomga kul tashlab tepkilaydi.

Unsin togʻasi Mirzakarimboydan butunlay umidini uzgan. U ba’zan paranjiga oʻralib, guzardagi baqqolgami, yoki bozorgami oʻtadigan boʻlsa, darvoza oldida pochapoʻstinga oʻralib, koʻpincha ellikboshi bilan suhbatlashib oʻtirgan togʻasini koʻrib qoladi. Shunda oʻzini koʻchaning narigi betiga urib, zingʻillaganicha oʻtib ketadi. Mirzakarimboyning oʻtkir koʻzlari baribir uni payqaydi: «Hoy koʻr boʻlgur, salom qani!» deb baqiradi u. Unsin togʻasining gapiga parvo qilmaydi, joʻrttaga qaddini tagʻin ham tikroq koʻtarib, oʻtib ketaveradi.

Qiz bilmaydiki, «odobsiz» jiyanning «koʻrnamak»ligidan ranjigan Mirzakarimboy ellikboshiga: «Bitta-yarimta koʻrnimi, kalnimi topib, qoʻshib qoʻyish savob, qizning boʻyi choʻzilib qoldi. Bu ishni oʻzingiz bajarasiz, cholni faqat siz koʻndirasiz», degan. «Tashvish qilmasinlar, chol oʻjar-ku, lekin qizni xamirdan qil sugʻurganday, chol kulbasidan sugʻuramiz», deb javob bergan ellikboshi ham.

Unsin yoshligida oʻz qishlogʻida oʻrgangan, hanuz yodida qolgan bir qoʻshiqni ohista kuylab ish tikar edi.

Shokir ota doʻkonda charmga qattiq suv purkadi, koʻvani taq-taq urdi, keyin oʻtirgan joyida engashib eshik tirqishidan qichqirdi:
— Oypoʻpoch, tush boʻldi-ya, toʻp otildi, eshitmadingmi? Qumgʻonni oʻtga qoʻy, qizim, qorin ochdi.
— Hozir, otajon, hozir! Kun ham chopib ketyapti-da,— dedi Unsin va shoshilib charmga bigiz tiqdi.— Non ozroq edi,— dedi tagʻin astagina.
— Qanoat qorin toʻydirarmish, oy qizim,— xoxolab kuldi chol.

Unsin ishini yigʻishtirdi-da, oyogʻiga eski kavushini nlib, oʻchoq boshiga yugurdi. U hoʻl oʻtinni tutatib arang yoqqach, qora qumgonga suv toʻlatib olovga qoʻydi.

Shu paytda bir tayoqni surgab Sobirjon kirdi:
— Opa, qornim ochdi...

Uisin qoziqdagi savatdan bitta qoq nonni oldi, bir burdasini ushatib unga tutqazdi.
— Oz-ku, opa, yana bering,— olgan non burdasini chaynab turib soʻradi bola.
— Qanoat qorin toʻydiradi, tushundingmi, uka!— dedi Unsin choynak-piyolalarni yuva turib.— Bir kun qornimiz toʻyib qolar, Sobirtoy.— Qiz oshxonaga ketdi.

Cholga bir choynak choyni achchiqroq damladi.
— Ota, choyni damladim, keling!— chaqirdi Unsnn.
— Bu yoqqa uzata qol, qizim, oldimda ulfatim bor,— dedi Shokir ota.

Unsin bir burda nonni oʻziga qoldirib, kichkina patnisga yarimta non va ikkita piyola qoʻyib, choynak bilan patnisni doʻkonga uzatdi. Eshik tirqishidan sekin moʻraladi.

Jumaboy aka.

Zavodda ishlaydi. U Unsinga juda qadrli va qadrdon. Yoʻlchi akasining jonajon doʻsti edi. Yoʻlchi akasi orqasidan Shokir ota bilai ham tanish-bilish boʻlib qolgan.

Unsin oʻziga ham choy damlab, Shokir ota bilan Jumaboyning suhbatiga quloq soldi.

Zavodda ishlaydigan Jumaboy aka Shokir otasiga topgan-tutganini toʻkib ketadi, otasining oshnasi. Narigilarini tanimadi.

Jumaboy otaga shu kunlardagi voqealar, rus ishchilardan eshitganlarini, davom etayotgan qonli urushdagi talafotning koʻpligi, qurol-aslaha ozligi va boshqa bilgan-eshitganlarini hikoya qilib oʻtirardi.

Shokir ota choyda ivitgan nonini liq etib yutdi, bir-ikki yoʻtaldi.
— Jahannamning labida turibmiz, inim, oxiri baxayr boʻlsin, xalq juda ezilib ketdi-da, vodarigʻ!..— dedi boshini chayqab.

Jumaboy ovozini pasaytirib yana allanimalarni uzoq gapirdi. Ishchilarning qandaydir yashirin tashkilotlari haqida soʻzlab: «Biz haqmiz, boylaringizning oxiri voy», dedi u tizzasiga urib oʻrnidan turarkan.

Unsin choyini ichib boʻlib, tagʻin ishini qoʻliga oldi. Jumaboyning oxirgi soʻzlari qizni ham oʻylatib qoʻygan edi. Qiz oʻzi koʻrgan-kechirgan ba’zi voqealarni xayolidan oʻtkazib, dunyoning haqiqatan ham adolatsiz qurilgani ustida oʻylab ketdi, oʻzicha Jumaboy aytgan fikrlarning magʻzini chaqishga urinib koʻrdi.

Oxir peshinda bitirgan mahsilarini yigʻishtirib:
— Buyurtmalar bitdi, ota, menga beradigan ishingiz bormi?— deb soʻradi Shokir otadan..

Shokir ota qoʻlidagi charmni choʻza-choʻza, qizdan mamnun boʻlib javob berdi:
— Bolam, picha dam ol, oʻrtoqlaringnikiga chiqib, birpas gurunglash. Endi, chirogʻim, xuftondan keyin oʻtirarsan ishga.

Unsin oʻrnidan turdi. Shu topda kayfi juda chogʻ edi, dugonasi Ra’noxonlarnikiga rov chiqib kelgisi kelib ketdi. Hovlining bir chekkasida tayoq yoʻnib oʻtirgan Sobirjonni chaqirdi:
— Sobirjon, birpas qimirlamay oʻtirgin, men Ra’no opangnikiga birrov chiqib kelaman, juda zerikdim.

Sobirga yoqinqiramadi, bir joyda oʻtirishga tobi yoʻq edi bolaning.
— Kechasi choʻpchak aytib bersangiz, oʻtiraman, opa,— dedi u koʻelarini oʻynatib.

«Xoʻp, xoʻp!» dedi Unsin. U yalang oyoqlariga eski kavushlarini ildi, paranjini boshiga tashlab koʻchaga yugurdi.

Shokir otaning uyi bilan Ra’nolarniki yaqin edi. Unsin bir koʻcha aylandi-yu, kichkina, eski oʻymakor eshikni ochib, ohista ichkari kirdi.

Ra’noning otasi Mirvali ta’rifi ketgan naqqosh. Ra’no ularning yolgʻiz farzandi. Naqqosh katta, doʻng peshanali, soqollari siyrak kishi. Uning koʻzlari serma’no, muloyim boqadi. Muomalasi ham yoqimli. Koʻz ochib mehnatni koʻrgan. Naqqosh Yoʻlchining yaqin doʻsti, sirdoshi boʻlgan. U Unsinga juda mehribon, hamisha iliq soʻz bilan qizning koʻnglini olishga tirishar:— «Sabr qil, qizim, Elmurod akang kelsa, suyunib qolasan. Yaxshi odamning bagʻridasan», der edi u.

Naqqosh Ra’noni eski maktabda oʻqitgan. Ra’no qomati kelishgan, yuzi sutday tiniq, nodir bir haykaltaroshning ijodi kabi goʻzal. Koʻzlarida shoʻxlik va aql mavji, tabiati quvnoq, quyuq sochlari beliga tushgan; oʻziga yarashgan gʻururi ham bor. Navoiyni, Fuzuliyni chiroyli oʻqiydi, chuqur his qiladi, bu asr shoirlaridan Muqimiy, Furqat, Zavqiy kabi shoirlarning gʻazallari bilan yaxshi tanish. Naqqosh bunday kitoblarni Ra’noning soʻrogʻi, yalinishiga qarab, sahhoflikdan topib keltirar, oʻqitib oʻzi ham eshitishni sevar edi.

Ra’noning onasi Munisaxon: «Oʻn sakkizga kirding, namoz oʻqi, qur’on oʻqi, bu nimasi — oʻqiganing nuqul oshiq-ma’shuqlar mojarosi, uyat-ku,— deb ranjir edi qizidan.— Tikish tik, qizim, qizga kashta yarashadi, moshina olib bersin dadang, yaxshi hunar qizlarning husniga husn qoʻshadi». Qiz onasini quchib: «Oʻrgilay sizdan onajonim, ishqim faqat kitobda. Shoirlarning she’rlari, gʻazallari, fikrlari, ramzlari behad, benihoya. Otam bir muallim topib bersalar oʻrischa ham oʻqirdim», derdi erkalanib.

Munisaxon hayratdan soʻz topolmasdi, soʻng ranjirdi: «Astagʻfirullo degin, yomon boʻlib ketyapsan, tashqaridagi marjadan, Valyadan chiqqan gap-ku bu. Otang oʻlgur ham oʻris masterovoylar desa jonini beradi, gunohidan qoʻrqaman». Ba’zan u qizining kundan-kun ochilib borayotganidan sevinib: «Yolgʻizimsan, qizim, koʻzimning oqu qorasi, nazarimda sening tenging yoʻq olamda... Sovchilar ham eshigimizning turmini buzyapti», derdi onalik gʻururi bilan.

Naqqoshning tashqarisida boʻgʻot tomli, pishiqqina kichik dahlizli bir xonadan iborat uy boʻlib, shift rangdor sirlar bilan boʻyalgan, toqidor edi. Bunda bir rus oilasi yashaydi. Eri Andrey Sokolov Tuproqqoʻrgʻonga yaqin bir korxonada xizmat qiladi, xotini Valya mashinada popop tikadi, qoʻl hunariga ham gʻoyat mohir. Besh-olti yashar oʻgʻilchalari ham bor.

Unsin derazani chertdi.
— Valya opa, yaxshimisiz?— deya soʻrashdi u.

Deraza qarshisida oʻtirgan Valya popop tikardi. Pishiqqina, ixchamgina, sochlari sariq, moviy koʻzli, serharakat, shoʻx ayol edi u.
— Kel-kel, Unsin, kela qol, azizim,— dedi yoqimli tovush bilan Valya.
— Ra’nonikiga,— dedi Unsin ichkarini imlab.
— Birpasgina oʻtir oldimda, zerikdim,— dedi Valya oʻzbekchalab. U oʻzbek tilini butun nozik tomonlari bilan yaxshi bilar edi.

Unsin kavushini ostonada qoldirdi, paranjisini dahliz burchagiga otdi-da, qaddini sal egib salom bergach, Valyaning qarshisidagi oʻrindiqqa oʻtirdi.

Uyning jihozi juda sodda, eskigina shkaf, karavot, stol, toʻrt-beshta oʻrindiq. Devorga suratlar osilgan: ota-onalari, bobo-bibilari, eri bilan oʻzi, oʻgʻli...

Xotinlar gulkoʻrpa, choyshablarni chizmakashlardan chizdirib kelardilar va Valyaga popop tiktirardilar. Oʻzbek ayollarining zavqini yaxshi bilgan Valya ishlarini koʻngillaridagiday bajarib mamnun qilardi ularni.

Ishdan horib kelgan eri, ba’zan: «Shu ham ishmi, zerikmaganingga hayronman. Zavoddami, fabrikadami ishlash ming marta afzal-ku bundan» deb qoʻyardi.

Valya Unsin bilan gaplashib oʻtirib, shigʻillatib ishini tikadi. Unsin matoga ninadan toʻkilayotgan rang-barang naqshlarni maroq bnlan kuzatadi.
— Buyurtmalaringiz koʻpmi, Valya opa?— soʻradi Unsin kulib.
— Sart ayollar qizlariga tugʻilgan kunidan bisot yigʻadilar-ku, Unsin! Qiz chiqaradigan onalar tugun-tugun ish koʻtarib kelishardi» boʻ yil bir oz tortilib qoldi. Zamon ogʻir-da, jonim, xalqning turmushi kun sayin ogʻirlashib ketyapti...

Valya birdan boshini koʻtarib Unsinga boqdi, jilmaydi:
— Popop tikishni oʻrgataymi senga, azizim? Zehning baland, birpasda oʻrganib olasan.
— Eplay olarmikanman, qiyin boʻlsa kerak,— deb javob berdi Unsin.
— Voy, sen-ey, mahsi tikish bundan osonmi?!—kuldi Valya.
— Xoʻp, opajon, bahordan boshlab oʻrgating. Hunardan unar, derdilar onam rahmatli. Mayli, bu hunarni ham oʻrganib qoʻyay,— dedi Unsin sevinib va paranjisini qoʻltigʻiga olib, ichkariga yugurdi.
— Nima gap, jim boʻlib ketding, ishing koʻpmi? Endi oʻzim xabar olaman, deb turgan edim,— dedi Ra’no koʻrishib, keyin Unsinning qarshisiga oʻtirib soʻrasha boshladi.— Otang yaxshi yuribdilarmi? Yaxshi odamlaru, picha oʻjarliklari, sergapliklari bor-a? .
— Oʻjarlikka oʻjarlar, lekin sergapliklari menga yoqadi, oʻrtoqjon, boʻlmasa zerikkanimdan yuragim tars yorilib ketmasmidi?
— Ra’noning oyisi oshxonada nimagadir kuymanib, gʻivirlab yurardi. Ikki qiz tanchaga suqilib odatdagiday qizgʻin suhbatga berildilar.

Ra’no gapga usta, rang-barang soʻzlar, nozik ramzlarni ketma-ket tizib, gapni qiyib yuborar, qochiriq, uchirma gaplarni oʻrinlatib, suhbatdoshini zumda shoshirib qoʻyar edi. U she’r, gʻazal oʻqishda ham har kimsani yoʻlda qoldirardi.

Unsin bilan Ra’no qoniqib, koʻngillaridagi pok hislari, nozik kechinmalarini bir-birlariga ochib, goʻyo sirli roʻyoda oqqanday oʻtirardilar.

Ayvonga erta bahor oftobi quyilgan, koʻk gumbazi ajoyib oltin rang olgan, tabiatning koʻngil gʻuborlarini yuvadigan goʻzal onlari...
— Bahorning daragi bu,— dedi Unsin mayin ohangda osmonga qarab,— qish qarib qoldi...
— Qishdan qitday bor. Hut-yut, sariq sumalak, ayamajiz... Qatorlashib turibdi,— kulimsiradi Ra’no.
— Oʻrtoqjon, yaxshi gʻazallardan oʻqi, eshitsam koʻnglim gulday yashnab ketadi.
— Picha sabr qil, biram qiziq gaplarim bor, eshit,— dedi Ra’no.
— Nima gap ekan, tezroq gapir,— qistadi sabrsizlik bilan Unsin.
— Har kun sovchi keladi, bezorlar boʻlib ketdim,— shivirladi Ra’no.— Tunov kun hovlida yolgʻiz qolgan edim, ermakka jiyak chatib oʻtirsam, eshikdan bir doʻmboqqina bola kirib keldi. «Opajon, shu sizga!» deb bir maktubni qoʻlimga tutqazdi-yu, yoʻq boʻldi. Kim yozibdi, deysanmi? Ha, anu bor-ku, kosibning oʻgʻli, Mirkarim lavang, shu yozibdi, Jindak savodi bor, oʻlgurning xati juda xushxat. U-chi, juzdonlarni juda pishiq tikadi, oʻymakorlab bejaydi. Otasining kayfi hamisha buzuq, yegani sholgʻom; oʻzi oʻlardek ziqna, u yogʻini soʻrama; uylari qutichadek bejirim, mahkam-mustahkam.— Ra’no roʻmolini toʻgʻrilab, sochlarini siypab qoʻydi.
— E-ha!—dedi Unsin.— Uyi past mahallada, onasi ham moʻltonigina, degan edi buvim, balki oʻgʻli yaxshidir;— bir koʻzini qisib hazillashdi Unsin.
— Eshit, u yozibdi: «Yonimdan beparvo oʻtib ketdingiz, men boʻlsam hushimdan ayrilib telba qoldim...» va hokazo gaplar. Esimdan ham chiqayozibdi. Ha, xatning oxirida: «Rad etsangiz, oʻlimga hukm boʻlganim... qitmir-qitmir», deb qoʻyibdi. Avvaliga kulaverib oʻldim, keyin jahlim chiqib ketdim. Mayda-mayda qilib yirtib tashladim xatini. Kecha koʻchada oʻziniyam uchratdim, bir tugunni qoʻltiqlab olibdi, gʻizillab bozorga ketyapti. Menga koʻzi tushdi-yu, telbadek qotdi qoldi. «Majnun boʻlmay oʻla qol», dedim ichimda. Oʻzimni koʻrmaganga solib, zingʻillaganimcha oʻtib ketdim oldidan. «Voy, azizim, oshiqi beqarorman», deb aljiradi; toʻxtamadim, ketaverdim, orqamdan: «Yuring, bozorga boramiz, quling oʻrgilsin noʻxatshoʻrak yeymiz», deb valdiraganicha qoldi. Esi pastning — ishi past, dedim ichimda, juda ensam qotib ketdi,— qoshlarini chimirdi Ra’no.

Unsin Ra’noning gaplarini kula-kula tingladi. Navbat oʻziga kelib allanimani aytmoqchi boʻlib, ogʻiz juftlayotgan edi, eshikdan kirib kelayotgan Valyani koʻrib toʻxtadi.
— Keling, Valya opa, tanchaga oʻtiring, bozillab turibdi,— uni toʻrga taklif etdi Ra’no.
— Yoʻgʻ-e, tanchaga oʻtirgani qoʻrqaman. Qishin-yozin ayvonda oʻtirasiz, toza havoda, shuning uchun oʻzbek qizlarining yonoqlari loladay boʻlar ekan-da,— kuldi Valya va tanchaning sirtigʻa oʻtirib oldi.

Valya oʻzbekchani binoyidekkina bilsa ham, Ra’no joʻrttaga, ruschani oʻrganishga urinib, bilganini ruscha, bilmaganini oʻzbekcha, qorishtirib gapirardi.
— Rusiya sovuq,, Turkiston oʻlkasi qishda ham shunaqa oftobli,— dedi ayvonda jilvalangan quyoshga koʻzlarining ishorasi bilan koʻrsatib Ra’no.
— Nimani gaplashib oʻtiribsizlar?— soʻradi Valya.
— Ruslarning odati yaxshi, xotin-qizlari xohlasa uyda oʻtiradi, xohlasa koʻchani bir aylanib keladi. Biz boʻlsak, koʻchaga besoʻroq qadam bosishga haddimiz yoʻq, oʻtiribmiz sandalga tiqilib,— dedi lablarini choʻchchaytirib Ra’no.
— Sartning zakoni yomon,— qizning gapini ma’qulladi Valya.— Diningiz xotin-qizlarni juda ham tahqirlaydi.
— Bizga ham yorugʻlik kun bormikin?— dedi oʻksinib Unsin.
— Ajab emas, qizlar, hurriyat rost boʻlsa, endi zamonlar boshqacha boʻladi...

Qizlar undan-bundan uzoq gaplashishdi, orzularga berilishdi. Gap aylanib kiyimga taqaldi. Qizlarning yaxshi koʻrgani qoʻsh etakli burma koʻylak. Valya did bilan kiyinishning sirlarini tushuntirdi qizlarga. Shol, duxoba, harir... xil-xil gazlamalar toʻgʻrisida gapirar, qizlar havas bilan tinglab oʻtirishar edi.
— Bularning hammasi boylarning qizlariga. Kambagʻalning shoʻri qursin, mana, meni koʻring, kiyganim nuqul chit,— dedi Unsin.
— Ha, boylarning qizlari shohi-atlasga oʻralib yurishadi, biz boʻlsak chitga ham eoʻrgʻa yetishamiz...— labini burdi Ra’no.— Bisotimda bitta-yu bitta ipak otgan koʻylakligim bor,— dedi Ra’no Valyaga qarab,— ammam hadya qilgan, tikay desam, buzib qoʻyamanmi deb qoʻrqaman.
— Qani, koʻrsat-chi!— yalindi Unsin qiziqib.

Ra’no ichkariga kirib ketdi. Valya endi oyoqlarini tanchaga uzatib, oʻrnashibroq oʻtirdi. Ichkaridan darang-durung sandiq ochilgani eshitildi. Ra’no kulib, koʻylakligini olib chiqdi, avaylab tancha ustiga qoʻydi-da, joyiga oʻtirdi.

Valya bilan Unsin koʻylaklikni yozib koʻra boshlashdi.
— Yomon emas, qani endi buni bizlarnikidaqa qilib yangicha tiktirsang juda senga yarashadi-da. Bu quyoshda tovlanib turadi, tiktirib beraymi, Ra’no?

Ra’no sevinib, koʻylaklikni qoʻllari bilan siypalab qoʻydi.
— Gorodda tanish mashinachim bor, xoʻp desang, oʻzim boshlab boraman,—va’da qildi Valya.
— Boʻpti,— koʻndi Ra’no va shivirladi,— biroq oyim bilmasin. Chevar xotinnikiga chiqamiz, deb toʻgʻri gorodga joʻnaymiz. Oyim bilsa, qiyomat qiladi-ya.

Uchovlari piq-piq kulishdi, Ra’no sakrab turib, koʻylaklikni sandiqqa joylab chiqdi.

Shu payt eshikdan ust-boshi kir-chir Mirvali naqqosh kelib kirdi. Unsin darrov oʻrnidan qalqib salom berarkan, naqqosh soʻrasha boshladi:
— Borakallo, qizim, salomatmisiz, ota yaxshimilar? Valyaxon, qalaysiz?
— Namozgar boʻlibdi, chiqay, oʻziig ham chiqib tur, Ra’no,— dedi Unsin paranjisini yopinib.

Ra’no bilan Valya Unsinni eshikkacha kuzatib chiqdilar.

III

— Qani, maxsum, «Ming bir kecha»dan bir oʻqisinlar, koʻngil chigilini yechaylik, hu tokchada,— Shokir ota koʻzlari bilan imladi.— Kosiblardan yalinib oluvdim, yoʻlingizga koʻz tutib oʻtiribman.

Dilkash maxsum indamadi, oʻrnidan turib kitobni oldi-da, oxista varaqlab joyiga oʻtirdi:
— Shartim shuki, ota, bugun ozroq oʻqiymiz, zarur ishim bor edi,— dedi yoʻtalib.— Hay-hay-hay, «Ming bir kecha» arablarning nodir gavhari, oʻlmas, abadiy asar! Misli yoʻq ajoyib hikoyalar bor bunda. Mualliflarning uslubi goʻzal, xayol deigizi cheksiz keng boʻlgan, otaxon!
— Toʻgʻri aytasiz, maxsum, nodirlikda tengi yoʻq, lekin ayol zoti haqida bunda birmuncha kamsitishlar bor, shunisiga hayronman,— qix-qix kuldi chol.

Maxsum kitobni tez-tez varaqlab, bir hikoyani topdi.
— Qani eshiting, otaxon, parilar haqida bir ajoyib totli hikoya, tinglang-chi,— tilsimga kirgan kabi shavq bilan oʻqiy boshladi maxsum.

Chol ishdan toʻxtamadi, xayoli, fikri kitobda, berilib zavq bilan tinglaydi.
— Odamni sehrlab qoʻyadi, maxsum, xayol dengiziga gʻarq qiladi-ya, hay-hay parilar olami!.. Lekin uyatli, behayo gaplar koʻp...— dedi chol boshini tebratib.
— Ha, turmushda ham shunday fisq-fujur gaplar bisyor,— kuldi maxsum.— Kulgili latifalar ham kerak, taqsir.

Maxsum ehtiros bilan oʻqirdi, qoʻllarining, qoshlarining imosi joʻr boʻlardi. Har bir soʻzga jon berib, ruh berib oʻqirdi.

Koʻp oʻtmadi, bir lahzaning oʻzida doʻkonni odam bosib ketdi. Oʻqishdan xabar topgan bir necha keksa, yosh-yalang toʻplanib qoldi. Xat-savodi yoʻq kishilarda eshitish ishtiyoqi zoʻr boʻladi. Ular churq etmay, maxsumning oʻqishiga quloq tutdilar. Rang, ziyo, nazokatga oʻralgan fikrlar, tuygʻular, xayollar... Saroylar, qasrlar, vazirlar, suxsur yigitlar... zebo, aqli komil, oy chehra malikalar, goʻzal qizlar... Kiyimlari baxmaldan, zardan, boʻyin, bilak, barmoqlari gavhar, la’l, marvaridlarga belangan...

Maxsum hikoyani tugatdi, qiz va hammol haqidagi boshqa bir hikoyani boshladi.
— Qani, qani oʻqisinlar, hangamaga tashnamiz,— deyishdn tinglovchilar bir ogʻizdan.
— Uhoʻ, ish katta-ku,— dedi maxsum atrofiga koʻz yugoʻrtirib. U shuncha odam yigʻilganidan bexabar edi. Oʻqishni davom ettirdi.

Ketma-ket bogʻlangan voqealar rangli, ajoyib edi. Voqealar borgan sari murakkablashib, kengayib borardi.

Boyadan beri ishdan toʻxtagan, angrayib tinglab oʻtirgan usta hayajonda dedi: ..
— Qarang, qanday xayolga boy, serzavq, sehrli hikoyalar. Eshitganman, arablarning rivoyat-hikoyalarida nozik zavq, chuqur fikr, yuksak xayollar bisyor boʻlarmish.

Shoʻxroq yigitlardan biri ustaga luqma tashladi:
— ... Zar va ipakka burkangan malikalardan birining qoʻyniga, momiq toʻshagiga kirib olsangiz-a, aysh-ishratga tobingiz bormi, usta?
— E, jiyan, qani keltiring bir parizodni, shuv etib koʻrpasiga kiray, yigitlardan ham battar chirmashib ketayki...— javob berdi, sir boy bermay, bir tutam soqolini qayta-qayta silagancha Shokir ota.

Xonada «gur» kulgi koʻtarildi. Dilkash maxsumning sillasi quridi.
— Xayr, doʻstlar, endi bizga ijozat, ota!— dedi maxsum ustaga boqib.
— Baraka toping, maxsum, zim-ziyo koʻkraklar jinday ravshan boʻldi,— dedi minnatdorchilik bildirib usta.
— Tez-tez kelib tursinlar!— deb oʻtinishdi boshqalar ham.

Oʻninchi Bob

I

Keng mehmonxonada qavat-qavat atlas koʻrpacha-yu, momiq qoʻsh yostiqqa yonboshlaganicha Saidahmadboy yotibdi; qarshisiga Eshonxon choʻkka tushgan. Quyuq famil choyni ermak qilib oʻtirishar. Eshonxon boyga hamon Zumradning ta’rifini qilar edi.
— Oyday suluv, parilarnikiday qomati bor, raqsda oʻzingiz bilasiz, misli yoʻq! Dukchining oldiga toʻrt daf’a bordim, boy aka, aldadim-avradim, ishqilib, dukchini koʻndirdim-da. Qiz koʻnmagan emish, ziyoni yoʻq, qiz degan bir mushtipar narsa, kimga tutqizsa ketaveradi-da, haddi bormi! Endi boy aka, toʻyni jadal boshlab yuboramiz, qolgan ishga qor yogʻadi.

Saidahmadxon yostiqdan oʻzini koʻtarib jilmaydi, ustma-ust bir necha topqir kekirdi, keyin dedi:
— Qaydam, qiz suluvlikka suluv, gʻururi ham baland boʻlsa kerak. Biroq boyvuchchalarning gʻalvasi dardisar boʻlarmikan, deyman. Orqavoratdan Zebixonning qulogʻiga chalinganmi, keyingi kunlarda simobday erib ketyapti. Oʻgʻillar ham xabar topishganmi, tuzuk roʻyxush berishmaydi, zimdan oʻshshayib qoʻyishadi. Katta oʻgʻlim ochiqdan-ochiq: «Yana uylanadigan boʻlsangiz, boshimni olib chiqib ketaman», dedi shartta yuzimga.

Eshonxon avval hayratdan qotib qolgan edi, bir zoʻmdan soʻng sekin gapira boshladi:
— Attang, boy aka, ishni xoʻp puxta pishirgan edim, chippakka chiqishiga dogʻman. Siz boʻshashmang, boyvuchchalaringiz ham, erkatoy oʻgʻilchalaringiz ham koʻnadi, koʻnmay iloji qancha. Oʻgʻillaringiz hali yosh, vaqti kelganda oʻzlari ham qoʻsha-qoʻsha xotinni orzu qilib qolishar. Siz paytni qoʻldan bermang, vaqt gʻanimat.

Ogʻzining tanobi qochgʻan boy, ichki hayajonini yashirishga tirishib, bir on sukut qilgach, dedi:
— Uydagilar, qolaversa, mahalla-koʻy ra’yiga qarshi ish tutsam bir karra ogʻizga tushishim turgan gap. Oʻgʻillarning obroʻyiga ham putur yetadimi, deyman. Zamon nozik. Qil ustida qalqib turibdi. Yaxshisi, Qoʻqonda uylanganim ma’qulmidi? Tez-tez borib-kelib turaman, umrimning koʻpi Qoʻqonda oʻtyapti. Shartta shinamgiia bir hovlini olardim-qoʻyardim. Pulga nima topilmaydi deysan?— Piyoladagi choyini hoʻplab davom etdi boy.— Qoʻqonda oshnalar ham koʻp...— Boy bir zum sukutga toldi,— Bu ishni puxta va pinhon olib borganimiz ma’qulmikan deyman?— baqraygan koʻzlarini Eshonxonga qadadi boy.
— Xoʻsh-xoʻsh? Muddaolarini ochiqroq aytsinlar,— dedi ayyor koʻzlarini oʻynatib Eshonxon.

Saidahmadxon, odati boʻyicha, salmoq bilan pixillab asta gapirdi. Hech kimga bildirmay kichik bir hovli topishni, dukchiga yaxshilab tushuntirishni, bordi-yu, cholni bunga koʻndirib boʻlmasa, qiz oshiga — ziyofatga, deb qizni tuzoqqa ilintirish mumkinligini tushuntirdi. Boylarning shunday ishlar qilishini, bir vaqt oʻzi ham bir goʻzal bilan necha yil ham shunday yashaganini aytib, qornini serkillatib kuldi.
— Munday ishlarnipg davosi ham, kaliti ham — pul,— dedi Saidahmad moʻylovini burab.— Pul boʻlsa — changalda shoʻrva! Eshonxon jiyan, mana munday ishlar bor jahonda.

Quv Eshonxon boyning muddaosini darrov fahmladi:
— Bu oʻylaganingiz ham chakki emas, boy aka, uddalasa boʻladi. Qiz oshiga deymizmi, oʻzga bir yoʻl topamizmi, xullas, oʻz oyogʻi bilan keltirib qoʻndiramiz kaftingizga, — dedi u koʻzlarini oʻynatib.
— Balli,— dedi boy yengil tortib,— Qoʻqondan shiringina bir hovli top, iloji boʻlsa shinam bir bogʻcha boʻlsin. Pulidan qoʻrqma, hamma ishni maxfiy bajar. Qiz xohlasa qolar, xohlamasa keyin ketaveradi, koʻramiz-da...— Boy, koʻnglidan bir gap oʻtib, jilmaydi.— Rahmatli padarimiz mulkni juda yaxshi koʻrar edilar, pul bilan, tadbir bilan, oʻrni kelganda yoqalashib boʻlsa ham, koʻz tikkan yerlarini qoʻlga kiritmay qoʻymasdilar. Hovli ham mulk. Yaxshi-yomon kunlarda kerak boʻlib qoladi. Yaxshi-yaxshi musulmonmi, rusmi juvonlar boʻladiki, olifta, shoʻx, dildor... Hozircha ishratga yarab turar.

Eshonxon xandon tashladi. U boy bilan bunday mavzularda suhbat qilishni sevardi, xursand edi hozir.
— Xoʻp, jonim fido sizga, boy aka, sharqirab oqib, turgan suvi bor, behishtning bir burchagiday shinamgina bogʻcha topayki, huzur qiling. Basharti pulni ayamasangiz, barcha ish joyida boʻladi. Maslahatimga yursangiz, dastavval bir oqsoch topamiz, taomlarga mohir, pazanda ayol boʻlsin, muomalani biladigan, ozoda boʻlsin. Ana oʻshanda amirning harami deyavering bogʻingizni: hamma yoq bejogʻliq. Hadeganda kabobu manti-yu, goʻshtkuydilar kelib tursa. Koʻnglingiz toʻq boʻlsin, boy ota, oʻzim doʻndirib yuboraman bu ishlarni,— dedi Eshonxon dahanini yigʻishtirib ololmay.
— Ma’qul, gapingda ma’ni bor,— dedi boy tizzalarini uqalab.— Toʻgʻri aytasan, oqsoch juda zarur. Qirq-ellik yoshlardagi til-jagʻi yoʻq, chaqqongina bir ayolni top, qimir etmay oʻtiradigan boʻlsin. Qorovul ham kerak-da, axir. Tiliga qulf solib qoʻyamiz, sidqidil xizmat qilsa, xafa qilib qoʻymasmiz.

Eshonxon qix-qix kuldi, uqdim, degandek boshi bilan imo qildi, keyin dedi:
— Qaydam, gʻoyat nozik ish, boy aka, dukchigayam jabr boʻladi-da, qizga ham...

Boy asabiy tusda bir xoʻmraydi:
— Aynading, tentak, mayli, amrimizga muntazir fidayi yigitlarimiz koʻp, lahzada har na yumush boʻlsa qotirib tashlashadi.

Eshonxon oqarib ketdi, tili bir zum gʻoʻldirab qolgan edi, bazoʻr oʻzini rostlab oldi:
— Boy aka, tuzingizga nonkoʻrlik qilmayman. Otamsiz, valine’matimsiz, meni odam qilgan ham oʻzingiz, oʻla-oʻlgunimcha ostonangizda qulman. Amr eting, qizni doʻndirib qoʻlingizga qoʻndiraman.

Boyning ayyor koʻzlari qisildi:
— Poʻpisa qildik-da, xafa boʻlma. Eshonxonning yana chehrasi yorishib ketdi.
— Qulluq, janoblari, qulluq,— dedi ta’zimga egilib.

Boy tilla zanjirli soatni kissasidan sugʻurdi: — Olti boʻlibdi-ku, xoʻp ezmalanibmiz, Eshon, mehmonlar keladi, xizmatchilarga ayt, joy tayyor qilishsin.
— Xoʻp, boy aka,— dedi Eshonxon va mehmonxonadan otilib chiqib ketdi.

II

Mehmonlar soat sakkizlarda yigʻila boshladilar. Aksariyat, oʻn-oʻn ikki kishi jadidlar boʻlib, bular mehmonxonaning quyirogʻidan joy oldilar. Toʻrda, orqalariga qoʻyilgan momiq yostiqlarga suyanib, gavdalari yumaloq, goʻshtdor bir necha atoqli boylar terilgan edi. Sallasini silliq oʻragan, soqoli moshkichiri, yangi movut toʻn va amirkon mahsilarda bazzoz Muhammadmansur, uning oʻng yonida degrezlik mashhur attor Toshpoʻlat. U soddaroq, qoʻpolroq kiyingan, baqbaqasi qoʻsh qavat osilgan, keng yagʻrinli, mitti koʻzlari ayyor, kalta toʻrva soqolli, oltmish yoshlardagi kishi. Uning yonida jadidlarning moʻ’tabari Anvarxon qori oʻtirar edi. Qori bilan yonma-yon oʻtirgan kishi — mashhur advokat Abdullaxoʻja. U Moskvada tahsil koʻrib, birinchi boʻlib oliy ma’lumot olib kelganlardan; pakana, toʻlaroq, olifta kiyingan, yuzlari jiddiy, ifodali, aqlli odam. Advokatdan quyiroqda, birinchi daf’a yangi maktab ochgan Mas’udxon oʻtiribdi. U qotmadan kelgan, oʻrta boʻy odam, keng peshanali, muloyim chehrasiga qora moʻylov juda yarashgan, sodda kiyingan, oʻttiz besh yoshlardagi kishi. Uning yonida, oʻrta hol boyvachchalar orasida eng ilgʻori, ziyolisi, qop-qora koʻzlari uchqunli, yigirma besh yoshlardagi barvasta yigit. U notiq, hazilga usta, ruschani yaxshi biladigan, tuzukkina ma’lumotli Jalilxon edi. Boshqalari, Muhammadmansur boyning chap qoʻlida oʻtirganlar — Toshkentda mashhur boylar, katta yer-suv egalari, boyvachchalar, bir necha jadidlar...

Ulfatlar qizgʻin suhbatga kirishib ketdilar.

Dasturxon bashang: issiq non, patir, xilma-xil pishiriqlar, qazi-qarta, yaxna goʻsht, turli shirin nozu ne’matlarga toʻla. Poygakda oq rux samovar shaqillab qaynab turibdi. Samovar yonida choʻkka tushgan Eshonxon halim vaziyatda, tavoze bilan, bir qoʻli koʻksida, mehmonlarga dam-badam choy uzatadi. U tez-tez boyga termiladi, uning imoli qisqa buyruqlariga muntazir. Mana, boyning «Norin tayyormi?» deya shivirlashi bilan, «Xoʻp boʻladi, janob!» dedi-yu, uchib chiqib ketdi.
— Janoblar ijozat bersalar, ikki ogʻiz gap bor edi,— murojaat etdi mehmonlarga oʻziga xos yengil tabassum bilan Anvarxon qori.
— Marhamat, marhamat, janob qori,— dedi darhol uy sohibi.
— Bugungi diqqatga sazovor muhim voqea Petrogradda Muvaqqat hukumatning barpo boʻlganidir. Oliy tabaqali zotlardan boʻlmish knyazь Lьvov, Ruchkov, Rodzyanko, Kerenskiy va boshqalar hukumat a’zolaridir.
— Oʻzimizning toshkentlik Kerenskiy, mashhur advokat, oʻtkir notiq,— shivirladi Abdullaxoʻja Mas’udxonga engashib.
— Ha-ha, bilaman, hamshaharimiz-da, hovlisi Gogolь koʻchasida,— dedi astagina Mas’udxon.

Kar Abdullaxoʻja qoʻlini qulogʻiga qoʻyib Mas’udxonga engashdi, lekin eshitolmadi. Mas’udxon kulimsiradi, faqat takror gapirmadi.
— Ahvoli zamon chakki emas,— soʻzida vazmin davom etdi Anvar qori.— Muvaqqat hukumat harbni davom ettirmoqda, qurol-aslahaning gʻamini yemoqda. Barcha sarmoya ahli, barcha boyonlar mustabidlik siqigʻidan qutulib, mamlakatning idorasini oʻz qoʻliga oldi. Darhaqiqat, bu buyuk inqilob. Turkiston oʻlkasi qavmlari hanuz zulmatda, bugungi bizning muqaddas burchimiz, janoblar, xalqni gʻaflatdan qutqarish, ma’rifatga boshlash. Bu gʻoyat ogʻir, albatta.
— Toʻgʻri-toʻgʻri, barchamiz gʻaflat balchigʻiga botganmiz, avvalo zamonga muvofiq maktab tartib etmoq shart. Boyonlarimiz oʻz zimmalariga olsinlar bu burchni,— dedi Mas’udxon.

Jadidlarning bir nechasi bir ogʻizdan ma’qulladilar.
— Haqiqatni soʻzladilar, qori afandi, oʻzlari oʻrnak boʻlsalar.

Qori achchiq choyni shoshmasdan bir-ikki hoʻpladi, keyin dedi:
— Janoblar, ziyolilar, boyonlar, zanginlar barcha savdo ahli bilan birlikda, ittifoqlik bilan, bir-birimizga koʻmakdosh boʻlib, bir tashkilot tuzsak.— Qori oʻtirganlarga bir-bir nazar tashlab olgach, tagʻin soʻzda davom etdi:— Buning ayni vaqti-soati keldi, fursatni qoʻldan bermaslik, hushyorlik darkor. Basharti, islom bayrogʻi soyasida ulugʻ vazifalar, tadbirlar, rejalarni oldimizga qalashtirib, shijoat va vijdon bilan, vatanimizga muhabbat bilan ijtihod qilsak, shoyad shonu sharaf bilan maqsadga yeturmiz. Aziz doʻstlarim, biz turk avlodimiz, Turkistonning tarixida bizning shonu sharafimiz yuksak boʻlgan. Xalqni ma’rifat tomon boshlamoq bizning burchimiz. Inshoollo mushkullarimiz oson boʻlgay. Janoblar, ruslarda «Sovet» tashkiloti bor, menimcha, biz tashkilotimizga «Shoʻro», yoxud «Islom bayrogʻi», yo esa. «Shoʻroyi islomiya» deya nom bersak chakki boʻlmas. Ixtiyor sizlarda, ayta bering-chi, fikrlaringizni bilsak.

Majlis ahli chuqur sukutda quloq solar, ba’zilar qattiq hayajonda edi. Koʻpchilik «Shoʻroyi islom»ni ma’qul koʻrdi.
— Koʻp yaxshi, «Shoʻroyi islomiya» chuqur mazmunli. qavmlarimizning ayni muddaosi boʻlgʻay,— dedi qat’iyat bilan Anvarxon.— Toshkentda bu tashkilotning markazi boʻlib, oʻzga shaharlar va mavzelarda shoʻ’balarini tuzajakmiz.
— Ofarin, qori afandi,— dedi shavqlanib, yonib Jalilxon.— Butun oʻlka boʻylab bu tashkilot shoʻ’balarini ogʻdirib tashlagaymiz. Na qilsinki, xalqimiz asrlar boʻyi razolatda qolmish, biz shu xalqimizning ojiz koʻzlariga ravshanlik keltiraylik. Maqsadimizga faqat birlik, inoqlik bilan yeturmiz, oʻzga ikir-chikir masalalar bilan fikrlarimizni chalgʻitmaylik.
— Janoblar!— dedi mingʻirlab paxtafurush Mirhojiboy.— Albatta bu tashkilotni ulamo hazratlari rahbarligida barpo etish zarur, hushyor boʻlaylik, islom yoʻlidan chekilmaylik.

Abdullaxoʻja bir-ikki daf’a yoʻtalib oldi, keyin u, Petrograd voqealari, knyazlar, graflar haqida, Muvaqqat hukumat xususida gapirdi va dedi:
— Muhtaram Anvarxon qori bu masalani koʻp chuqur tahlil qilib, oʻzlarining yorqin fikrlarini bayon qildilar. «Shoʻroyi islomiya» nomi bizning butun orzularimizga munosibdir, gʻoyat oʻrinlidir. Qonunga muvofiq, bir tashkilot barpo etilajak boʻlsa, albatta, avom bilan va avomning ulugʻlari, ya’ni ulamo hazratlar, obroʻli boyonlar rahbarligida ta’sis majlisi oʻtkazilur, rasmiy e’lon etilur; tashkilot shunday tugʻilur, janoblar! Shuning bilan birga, tashkilotning hay’ati saylanur, ana undan keyin butun ish hay’at qoʻlida boʻlajak. Albatta, hay’at tarkibida eng e’tiborli, boobroʻ, vazifashunos shaxslar boʻlmogʻi lozimdir.

Majlis ahli Abdullaxoʻjaning aytganlarini ma’qullab, boshlarini tebratdilar.
— Janob qori,— dedi pixillab Saidahmadxon.— «Shoʻroyi islomiya»ning tashkili sizning zimmangizda boʻlsa. Ma’qulmi, janoblar?— mehmonlarga murojaat etdi boy.
— Balli janob, barchamizning muddaomiz shu,— dedi Muhammadmansur bazzoz qoriga.— Vazifashunos, intizomkor kishi — siz janoblarining oʻzlaridir, Ulamo sizni sevadi, hurmat etadi.

Anvarxon qori nazokat bilan qulluq qildi.

Shu tobda ikki xizmatkor katta xitoy laganlarda serqazi, sergoʻsht norin olib kirdilar, keyin Eshonxonning idorasida katta-katta jonon kosalarda murch bilan oʻldirilgan piyozli hoʻl norin tortildi.

Suhbat toʻsatdan kesilgan edi.
— Qani, doʻstlarim, suhbat qochmaydi, taom sovimasin,— dedi Saidahmadxon mehmonlarni noringa da’vat etib.

Mehmonlar bir-birlariga: «Olsinlar, olsinlar» deya mulozamat qila-qila norinxoʻrlikni boshlab yubordilar.

Lazzatli taom mehmonlarning kayfini koʻtargan edi. Mehmonlar hazil-huzul qilishib, ishtaha bilan xoʻp yedilar.
— Bay-bay-bay, koʻp lazzatli norin boʻpti, munaqasini olam aslo koʻrmagan,— dedi kekirib mehmonlarning biri.

Norinning ustidan birov famil, birov koʻk choy ichgach, pixillashib, kekirishib, momiq yostiqlarga yonboshladilar, Ostonada shoir Gʻaribiy paydo boʻldi.
— E-e, kelsinlar, muhtaram shoir,— dedi Saidahmadxon va kulimsirab yostiqdan qaddini sal koʻtardi.

Ikki qoʻli koʻksida shoir mehmonlarga ta’zim qildi:
— Assalomu alaykum, koʻrganimiz — koʻrishganimiz. Shoir quyiga choʻkka tushishni moʻljallagan edi, lekin oʻrnidan irgʻib turib, oʻzining yoniga tortqilagan Jalilxonga qarshilik qilolmadi, oʻtib uning yoniga oʻtirdi.
— Afsuski, bir zaruriyat yoʻlimga sad chekkanidan kechikdim. Janoblar, kechirgaylar,— dedi shoir nazokat bilan joylashib oʻtirgach, soʻng davom etdi:—Zavolli Turkiston oʻlkasida ozodlik quyoshi yarqiradi, kamina koʻp mamnun va umidvordirki, ma’rifat-san’at quyoshi ham biz kabi mazlum xalqlar boshida porlagay. Ozodi obodi ast! (Forscha-Tojikcha: Ozodlik obodlik keltiradi) Bu haq soʻzdir...

Hayoti mashaqqat va musibat bilan toʻla boʻlgan shoir Gʻaribiy aksariyat ishqiy gʻazallar bitsa-da, ma’rifat, ilm haqida ham koʻp qaygʻurar va yozar edi.

Eshonxon katta kosaga tepalab suzilgan shoʻrvali norinni ikki qoʻllab mehmonga tutdi:
— Marhamat, taqsir!
— Shoir, qani olsinlar, taomni zoriqtirmagaylar!— dedi Saidahmad mehmondoʻstlik bilan.
— Majlisni davom ettiraylik, shoirimizning ham quloqlari ochiq, norinni oshab turib, suhbatimizda ishtirok etaversinlar,— dedi. kulimsirab Anvarxon qori.
— Xoʻp, taqsirim, xoʻp,— noringa qoʻlini solib, boshini tebratib ma’qulladi Gʻaribiy va jilmaydi:—Ushturki koh mehohad — gardan daroz mekunad. (Forscha-tojikcha: Tuyaga ovqat kerak boʻlsa, boʻynini choʻzddi.)

Mehmonlar kulib yubordilar.

Mas’udxon ilm-ma’rifat ustida haddan tashqari ezmalik bilan soʻzga kirishdi, xalqni tarbiya qilish, yosh avlodga xos odob-axloq haqida uzoq gapirdi.
— Ollohi taolo insonlarni iste’dodli, qobiliyatli, yaxshi-yomonni, foyda ila zararni, oq ila qorani farq qiladigan etib yaratgan. Ammo insondagi bu qobiliyat bir javohirki, uni kamolotga yetkurmakchun tarbiya lozim. Agar inson goʻzal tarbiyaga musharraf boʻlsa, butun umr baxtiyor boʻlgʻusi, agar buzuq odatlarga oʻrgansa, axloqsiz, nomussiz, tanbal, insonlik turqini yoʻqotgan maxluq, ollodan qoʻrqmaydigan, shariatni hamisha oyoq osti qiladigan boʻlur. Astagʻfirullo, unday kimsalar u dunyoda ham yaxshilik koʻrmagaylar, jahannam ularning abadiy makoni boʻlur.

Tugib tashlov ila boʻlmas, bola boʻlgay balo sizga.
Vujudi tarbiyat topsa, boʻlur u rahnamo sizga.

Mas’udxon, kalta soqolini siypab, davradagilarni koʻzdan kechirdi.
— Agar fikr yaxshi tarbiyat topsa, xanjaru olmosdan boʻlur oʻtkur,— dedi Gʻaribiy qoʻllarini sochiqqa artib.

Majlis ahli: «Toʻgʻri-toʻgʻri!» deya boshlarini liqillatdi.

Mas’udxon vazminlik bilan yana soʻzda davom etdi:
— Ilm, fan va fikr olami nihoyat keng va chuqur. Axloq husniyani ayniqsa yosh avlodimizga oʻrgatmoq bizga ham farz, ham vojib. Eng moʻ’tabar odamlar yaxshi xulq egalaridirlar. Ming chandon afsuski, boyonlarimiz axloq husniyaga e’tibor qilmaydilar. Umuman, savdo ahli ma’rifatga beparvo.
— Ofarin!— dedi Anvarxon.— Koʻnglimizdagini aytdingiz, ilm-ma’rifat hamisha aql bilan yoʻldoshdir.

Mas’udxon tagʻin gapga tushdi, «Shoʻroyi islomiya»ning tashkiliy vazifalariga taqadi soʻzni:
— Ulamolar, oʻz boyonlarimiz ham rus boylari Muvaqqat xukumat bilan ittifoqlikda, hamkorlikda ish tutmoqlari zarurdir,— dedi.

Majlis ahli Mas’udxonning aytganlarini ma’qullagach, turli masalalar, ayniqsa, moddiy masala xususida muzokaralar, tortishuvlar qizib ketdi.

Saidahmadxon loqaydlik va gʻurur bilan dedi:
— Koʻramiz-da, hozir bahsning hojati yoʻq, boyonlarimiz qarab turmas axir, bu haqda bafurja gaplasharmiz.

Qori va ziyolilar yuzlarida norozilik ifodasi koʻrindi, lekin indamadilar.
— Yechib olish lozim boʻlgan yana bir juz’iy masala bor edi.
— Tashkilotimizga muvofiq, yaxshi bir bino kerak,— dedi oʻrnidan bir qoʻzgʻalib olgach, Jalilxon.— Keyin stol, oʻrindiqlar, javon, umuman, jihoz kerak-da, quruq oʻzi boʻlaveradimi?

Tutilib-tutilib mingʻirladi Toshpoʻlatboy:
— Bino, hovli obdan zarur, oʻrinli gapirdi inimiz Jalilboyvachcha,— uzun kekirib yana davom etdi:—Ikkimizning zimmamizga tushadi bu masala,— dedi Saidahmadxonga qarab,— oʻylashib, bamaslahat zanginlarning hamyoniga bir-bir qoʻl solamiz, oqcha yigʻamiz. Oqcha boʻlsa, bino topishning mushkulligi yoʻq.

Suhbat yarim tunga qadar davom etdi. Bu orada palov ham yeyildi, necha topqir choy ham ichildi. Shoir Gʻaribiy choʻntagidan taxlangan bir varaq qogʻozni qayta-qayta chiqarib, bir-ikki yangi she’rlarini oʻqidi. Mehmonlar «Balli», «Ofarin!» kabi olqishlar bilan tingladilar. Gʻaribiy ilm-ma’rifat, nodonlik, gʻofillik haqida yozgan edi.

Mehmonlar oʻrinlaridan qoʻzgʻalishib, xayr-ma’zur bilan tarqaldilar.

III

Saidahmadxon ikkinchi xonaga oʻtdi. Jigʻildoni qaynaganidan betoqatlanib, oʻzini yostiqqa tashladi, bir choynak koʻk choyni ham boʻshatdi. Ahvoli yaxshilanmagach, qichqirdi:
— Xap doru keltir, hoy!
— Labbay, taqsir?—soʻradi ostonada paydo boʻlgan Eshonxon.
— Javonni och, asil dori, deb maqtab bergan edi hind tabib, qani, koʻraylik-chi.

Eshonxon dorini darrov topib, bir piyola suv bilan boyga tutdi.
— Asil doriga oʻxshaydi, hididan bilyapman. Jigʻildoningiz qaynashi norindan, xoʻjayin, hechqisi yoʻq, oʻtib ketadi.

Dorini yutib, qult-qult suv ichgach, boy choʻzildi:
— Hovliga kir, tashqari hovlida yotib qoldilar de,— dedi kekirib.

Eshonxon ichkari hovli eshigining halqasini ohista shiqirlatdi, qarshisida paydo boʻlgan oqsochga dedi:
— Boy akam tashqarida yotib qoldilar, bir oz toblari boʻlmay turibdi, yangalar xavotir olishmasin.
— Ha, me’dasi buzilgandir,— dedi oqsoch ensasi qotib.— Ovqatni orqa-oldinga qaramay yeydi-da, boy akangiz. Nafsini tiymaydi.

Eshonxonning dardi boʻlak. Oqsochni turtib qoʻydi va shivirladi:
— Erga teg, oppoq qiz, yurasanmi oqsochlikda, oʻzim olardimu, hamyon quruq-da.

Oqsoch qoʻlidagi chiroqni balandroq koʻtarib, Eshonxonning yuziga tutdi:
— Ha, tullak, ola qargʻaga oʻxshab hamisha koʻzing alang-jalang, shuncha pul topsang ham, labingni yalab turaverasan. Tashvishim senga tushmay qoʻya qolsin. Tegsam ham sendaqa yalaqiga tegmayman.

Oqsoch eshikni taqqa yopib, zanjir soldi.

Garang boʻlib qolgan Eshonxon bir-bir bosib, gʻaribona hujrasiga kirdi, tokchadagi chiroqni yoqib, oʻzini yostiqqa tashladi, xomush xayolga toldi...

Endigina yigirma besh-yigirma oltiga kirgan Eshonxon shu damda yoshini yashab boʻlgan keksalardek his etdi oʻzini. Oʻyga toldi... Boy pishiq odam, bir tiyinni chakki tomizmaydi. Bu aldab-avrab uncha-muncha tortadi, lekin boy oʻlguday qurumsoq. Hali zavod, hali doʻkon, hali bogʻ oʻrtasida boʻzchining mokisidek qatnagani qatnagan. Yana mehmon kutishini aytmaysizmi, yolgʻiz boshida shuncha gʻavgʻo. Sakkiz yil boʻlibdi shu eshikda. Paxtachilik savdosi yaxshi hunar. Oʻn-oʻn besh yil sabr qilsa, oʻzi ham bir mustaqil ish boshlab yuborar. Bir kun emas, bir kun uning tole yulduzi ham chaqnab qolar. Onasi boyaqish: «Qachon bir boshing ikki boʻladi? Men ham bu dunyoning tashvishidan tinchib, koʻz yumsam», degani degan. Har ishning boshi pul. Pul boʻlsa — changalda shoʻrva, har qanday xonadonning qiziga qoʻli yetadigan boʻlardi...

Eshonxon uzoq xayol surdi. Betinch qiladigan, tashvishga soladigan rejalari, oʻylari koʻp edi. Nihoyat, u papiros olib tutatdi, Tor hujrasida halqa-halqa tutun burqitib u yoqdan-bu yoqqa yurdi. Tez-tez tuynuk-darcha oldiga borib, tashqariga quloq solib qoʻyardi. Papirosini zarda bilan oʻchirib, endi oʻrin solmoqchi boʻlib turganida, yengil oyoq tovushi eshitildi va oʻsha zahoti deraza asta chertildi.
— Eshigingizni ilmasangiz nima boʻlarkan!—dedi Zebi Eshonxon eshikni ochib, uni hujraga olgan hamon.

Oʻrta boʻyli, tiqmachoqday, oppoq Zebixonga ustidagi yangi pushti tovar koʻylak juda yarashgan edi. Peshanasiga qora tovar durrani noz ila tangʻigan, katta shol roʻmolga burkangan edi.
— Chirogʻingizning piligini pasaytiring...—dedi Zebixon past ovoz bilan.

Zebixonni bunday holatda sira koʻrmagan Eshonxon dovdirab, piligini pasaytiraman deb chiroqni oʻchirib qoʻydi. Hujradagi yakka oʻrindiqqa Zebi oʻtirib olgan edi. Eshonxon nafasini rostlagandan keyin deraza oldiga tashlangan koʻrpacha ustiga oʻtirdi.
— Boy otangiz boʻkib qolgan boʻlsa kerak!— dedi istehzoli ohangda Zebi qoshlarini chimirib.

Zebining kayfiyatini payqab ololmay turgan Eshonxon qixillab kuldi:
— Boy ota Hindistondan kelgan xap dorini ichdilaru, darhol dev uyqusiga ketdilar. Sizga ne boʻldi, ikki haftadan buyon faqiringizni zoriqtirib qoʻydingiz?

Zebixonning ma’yus koʻzlarida ishva jilvalandi.
— Kelmasam, ahvolimdan oʻzingiz xabar olay ham demaysiz. Otamnikiga borib keldim. Eshitgandirsiz, otam boyaqish sindi! Shu-shu uyga choʻkdi, vahima boʻlib qolgan,— uzun uh tortdi Zebi.—Boy otangiz oʻlgurning parvoyiga ham kelmaydi. Dadamning behishtday qanaqa bogʻi bor edi, oʻzingiz ham koʻrgansiz. Uzumu olma, noku nashvati... hammasi endi hosilga kirgan. Otam shu bogʻimizni sotaman, deyapti. Diliga chiroq yoqsa yorimaydi shu kunda. Bir koʻylak et boʻlib yuradigan onam shoʻrlik ham kuyaverib, bir hovuch suyak boʻlibdi qolybdi. Gap shunaqa, Eshonxon aka, dard koʻp, hamdard yoʻq.

Zebixon dilgir holda qoʻlini chakkasiga qoʻyib, jim qoldi. Eshonxon nima deyishini, uni qanday yupatishni oʻylardi.
— Juda yomon ish boʻlibdi. Otangiz juda tanti boylardan edilar. Davlatni ayamay sovurganlarda. Balki qarzlari koʻpdir, qaydam... Doʻkondor ahli nihoyat pishiq boʻlishi kerak, mutloq nasiyaga mol olmasligi zarur. Nasiyaning oti qursin, oti ham yomon, oqibati ham.
— Rost aytasiz, qanday dongʻi ketgan katta doʻkondor edi otam, eshigimizdan bir lahza odam arimas edi. Qayerdan keldi bu falokat, aqlim hayron.

Eshonxon Zebining ma’yus koʻzlariga tikilib, ikki tizzasini kaftlari orasiga olganicha jim oʻtirardi.
— Ha, bu bir falokat. Biroq kuyishning sira foydasi yoʻq. Har bandai moʻminni yaratganning oʻzi yorlaqasin.— Zebixon uzoq sukutda oʻtirgach, boshini koʻtarib uzun bir oh tortdi.—Otam ham mayli-yu, hammadan ham ikki ukamga achinaman. Biri oʻnda, biri yettida. Ikkalasi ham hali juda yosh. Hozir eski qoʻr-qutdan bor, lekin yotib yeganga togʻ chidamaydi. Otam shoʻrlik telbalardan erta-yu kech nasha chekadi, odamgarchilikdan chiqqani shu-da... Hovlimiz judayam xarob, bilmadim, oxiri ne boʻlar ekan.

Zebining koʻzlaridan duv etib yosh toʻkildi. Eshonxon shoshib, kamzulining choʻntagiga qoʻl soldi. Soʻng Zebining koʻkrak choʻntagidan koʻrinib turgan roʻmolchasini olib yoshini artdi.
— Taqdir deydilar buni, Zebixon, tole va iqbol qushi otangizning boshlariga yana qoʻnsa ajab emas.— Soʻng, qoʻshib qoʻydi:—Otangizga jinday yordam kerak edi... Boy otaning omadi yurishgan hozir. Paxta nuqul oltin boʻlib yogʻilyapti, bay-bay-bay, qani shu davlat menda boʻlsa...
— Ha, boy bitib ketyapti, biroq bizga nima nafi bor?—dedi Zebi ensasi qotib.
— Nega nafi boʻlmasin, azizim? Boyga yygʻlab-yolvorib koʻring-chi, zora koʻngli yumshasa, muruvvat qoʻlini choʻzib, suyab yuborsa.

Boyadan beri motamsaro oʻtirgan Zebi asta kulib qoʻydi. Bu bilan u ancha yengil tortganday boʻldi. Sochlarini silab durrasini toʻgʻriladi, koʻzlaridagi namni artdi.
— Rost aytasiz, oʻzim ham koʻnglimga tugib qoʻygan edim buni, Eshonxon aka. Kezi kelganda siz ham aytib turing, zora qurumsoqning koʻngliga xudo rahm solsa... Sizning gapingizga kiradi-ku valine’matingiz, oralaringizdan qil oʻtmaydi, nimasini yashirasiz,—kinoyali kuldi.

Eshonxonning rangi quv oʻchgan edi... «Hamma sirdan xabardor koʻrinadi», deya koʻnglidan oʻtkazdi. Xomush u burchakdan-bu burchakka yura boshladi.
— Zebixon, men gapirsam boʻlmas, sizning yoʻrigʻingiz boshqa. Gapga chechansiz, jonim, yana boyning tilini yaxshi bilasiz... suyukli xotinisiz... Men boʻlsam tobe bir odamman. «Senga bu «shning nima daxli bor?» deb qolsa, nima deyman? Yoʻq, jonim, ehtiyotlik shartdir...— ohista erkalab Zebining boshidan oʻpdi u.
— Qoʻying, shu topda koʻnglimga hech narsa sigʻmay turibdi,—dedi Zebi yelkasidagi roʻmolini tuzatib.
— Noz-istigʻno, gʻam-anduh olib chiqqan ekanlar-da bizga.—Eshonxon qoʻyarda-qoʻymay Zebini koʻrpachaga oʻtqazdi. Sirgʻalib tushgan roʻmolini avaylab yelkasiga yopdi.— Zebixonim, dunyo shunday, vafosi yoʻq, koʻngilning oromi faqat ayshu ishratda. Keling, unutaylik bu tashvishlarni, insonning umri juda qisqa. Gʻam-anduh ayniqsa tez qaritadi insonni...

Eshonxon Zebining qoʻsha-qoʻsha uzuk, bilaguzuk yaraqlab turgan momiq qoʻllarini oʻpib, belidan quchdi.
— Qoʻying-e, suyuqlik qilmang, shu topda yuragim tars yorilib ketay deyapti,— dedi Zebixon va bir oz nari surildi.

Koʻngli xiralangan Eshonxon papirosga zoʻr berdi. Zebixonning hamon hasratidan chang chiqardi.
— Yetti yil boʻladi shu dargohga qadam bosganimga. Lazzatini ham totdim, zahar-zaqqumini ham. Lekin bir farzand koʻrmadim, shunga dogʻman... Boyning bu bilan ishi yoʻq. Men tugʻmasam, katta xotini tugʻib bergan. Yer yutgurlarning bittasi ham yoqimtoygina emas, biri biridan bedavo. Ayniqsa Otabegi juda qoʻrs, buzuq, oʻsalki! Beting qurgʻurni koʻrishga toqatim yoʻq. Xotinining darrov boʻyi-da boʻla qolibdi. Bilmadim, men bechoraga xudo nega farzand ato qilmaydi?! Onam shoʻrlik koʻrsatmagan na doʻxtir, na tabib qoldi. Bir oʻris doʻxtir: «Tugʻasan, gʻam yema», degan edi. Ishqilib, yuragimni bir parcha choʻgʻ hamisha yondirib yotadi-da...

Zebi yana sukutga toldi. Xomush oʻtirardi. Eshonxon unga achinganday soxta gʻamxoʻrlik koʻrsatdi:
— Noumid shayton, deydilar, oppogʻim, noumid boʻlmang. Dongʻi toʻrt dahaga ketgan bir afgʻon tabib bormish. Darak solib koʻray-chi. Keyin sizga tayinini aytarman. Boyning davlati katta. Biroq merosxoʻrlari ham koʻp. Siz ikki qoʻlingizni burningizga tiqib qolaverasizmi? Yoʻq, yotib qolguncha otib qol, deganlar, siz ham harakatingizni qiling...
— Ha, dardim ichimda. Kundoshim amal-pamal qilmadimi degan gumonim ham bor. Kundoshlik— koʻngil gʻashlik ekan, Eshonxon aka. Mayli, oʻsha tabibni daraklab koʻring, albatta boraman.

Zebixon ruhan yengillashganday sezdi oʻzini, erkalanib, Eshonxonning yelkasiga boshini qoʻygan edi, u sekin quchib, yostiqqa tortdi...

Zebi yana sukutga toldi. Xomush oʻtirardi. Eshonxon unga achinganday soxta gʻamxoʻrlik koʻrsatdi:
— Noumid shayton, deydilar, oppogʻim, noumid boʻlmang. Dongʻi toʻrt dahaga ketgan bir afgʻon tabib bormish. Darak solib koʻray-chi. Keyin sizga tayinini aytarman. Boyning davlati katta. Biroq merosxoʻrlari ham koʻp. Siz ikki qoʻlingizni burningizga tiqib qolaverasizmi? Yoʻq, yotib qolguncha otib qol, deganlar, siz ham harakatingizni qiling...
— Ha, dardim ichimda. Kundoshim amal-pamal qilmadimi degan gumonim ham bor. Kundoshlik— koʻngil gʻashlik ekan, Eshonxon aka. Mayli, oʻsha tabibni daraklab koʻring, albatta boraman.

Zebixon ruhan yengillashganday sezdi oʻzini, erkalanib, Eshonxonning yelkasiga boshini qoʻygan edi, u sekin quchib, yostiqqa tortdi...

Avvalgi
I- qism