OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOybek
Asar nomiUlugʻ yoʻl (roman, 2-qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Oybek
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Ўқитувчи» нашриёти, Тошкент —1978
Hajm168KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/12/7
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ulugʻ yoʻl (roman, 2-qism)
Oybek

Oʻn Birinchi Bob

I

Zumrad toʻkilib turgan pastakkina eski uyning ensizgina ayvonchasida oʻrtogʻi Gulasal bilan ish tikib goh kulishib, goh jiddiy soʻzlashib oʻtirardi.

Koʻklamning eng koʻrkam chogʻi. Ayvon oftob. Hovli chinniday toza. Momosuluv xola hovlini qirtishlagani qirtishlagan.

Cheti jarlikka tutashgan bu kichkina hovli daraxtlarga liq toʻla. Dukchi boʻyraday boʻsh joy koʻrsa, darrov bir novda koʻchat topib tiqib qoʻyadi. Hozir nafis gullarga burkangan bu daraxtlarning har biri goʻyo bir muazzam guldasta kabi, quyoshda koʻrkam chaqnagan.

Tepalikdan oqib tushadigan bir ariq suv shaldirab shu hovli orqali oʻtib jarga quyuladi.

Momosuluv xola oshxonada boʻz yenglik tutib tandirdan jazillagan zogʻora non uzmoqda edi. Qimmatchilik bu oilada har daqiqa oʻzini koʻrsatib turadi. Zogʻora non, bugʻdoy goʻja, qora shoʻrva tanglikning birinchi belgilari.
— Urush qursin, boshga bitgan balo boʻldi,—dedi Zumrad oʻrtogʻiga.

Xafaqon oʻtirgan Gulasal boʻshashibgina qatim tortardi, uzun tin olib, xoʻrsinib qoʻydi.
— Yolgʻizgina akam mardikorlikka joʻnadi. Moʻmin-qobil, mehnatkash, zehni baland yigit edi; har narsaning uddasidan chiqadigan epchilgina edi. Akam ketdi-yu, uyimiz huvillab qoldi... Mana endi... na hat bor, na xabar...
— Xafa boʻlma, oʻrtoqjon, otam har kuni bozordan bir yangi gap topib keladi. Nekalay zolim taxtdan tushdi, endi mardikorlikka ketgan yigitlarimiz yaqinda qaytib keladi, degan mish-mishlar bor,—dedi Zumrad oʻrtogʻini yupatib.
— Aytganing kelsin, oʻrtoqjon,— dedi Gulasal bir oz yengil tortib. Otasining rus ishchilara, masterovoylaridan topgan gaplarini har kun uyga yigʻib kelishini hikoya qila ketdi.—Piyonbozorda tramvayning izini tozalab yurib, otam koʻp gaplarni eshitadi. «Spasiba», «xarasho», «chort vazmi», yana allanimabalo soʻkishlarni ham oʻrganib olibdi. Dadam boyaqishni tirikchilik tashvishi, gʻami ezib tashladi. Mahallamizning imomi oʻlgur dadamga: «Namoz oʻqi, chulchut, kofir boʻlib ketyapsan-ku, oxiratda azobini tortasan: vujudingni gunohga botirma!» deb har kun soʻkarmish. Otam ham boʻsh kelmas ekan: «Saharda ishga joʻnasam, oqshom kir-yagʻir, horib qaytsam, xudoning oʻzi kechirar, taqsir», derkan. «Mana, siz ozoda, kiyim-boshingiz yarqiraydi, shoshmasdan bir-bir bosib yurasiz, obroʻ katta, imom deb barcha qoʻl qovushtiradi. Yana oqchani xazonday supurib oʻtiribsizu oʻlguday xasis, qurumsoqsiz, choʻzing puldan», deb hazillashar emish. Imom jahldan qizarib: «Senga xudoning oʻzi bas kelmasa, bandasi bas kelolmaydi!» deb oʻtib ketarkan. Otam boyaqish bizni qoqila-suqila zoʻrgʻa boqyapti-da, oʻrtoqjon,—dedi Gulasal xomush holda.
— Ha, otang mehnatkash, ayolmand odam,—dedi Zumrad ishdan bosh koʻtarmay.—Mana, mening otam dukchi. Ertadan shomga qadar gʻir-gʻir duk uchlaydi. Dukni kim oladi? Bizlarga oʻxshash faqirlar oladi-da, shundan bilaver, nima boʻlardi puli... Lekin otam namozni sira kanda qilmaydi, har juma eshonnikiga zikrga boradi, oʻlguday boʻgʻilib, sillasi qurib qaytadi.

Zumrad koʻzlarini chiroyli suzib, keng quloch yoyib kerishdi-da, ayvondan pastga tushib jagʻi yirtilgan eski kavushini oyogʻiga ildi.
— Qaddi-basting sarvdek kelishgan...—dedi Gulasal oʻrtogʻiga havas bilan qarab.

Zumrad kuldi.
— Qorin tirishib ketdi-ku, xabar olay-chi, zogʻora pishdi shekilli, hidi dimoqqa keldi,—dedi-da, oshxonaga yugurdi.
— Qorinlaring ochib ketdi, qizim. Olib bor, Gulasal ham yesin,— dedi Momosuluv mehribon tovush bilan.

Zumrad lorsillab turgan eogʻora nondan ikkitasini qoʻlidan qoʻliga ola-ola puf-puflab ayvonga yugurdi, dasturxon yozib, nonni burdaladi.
— Issiqqina, ola qol, oʻrtoq, ishingni yigʻ birpas,— dedi zogʻoradan bir tishlamini ogʻziga solib Zumrad.— Bay-bay-bay, biram shirin unnadiki ogʻzimga.

Momosuluv savatda zogʻoralarni koʻtarib ayvonga kelganida, qizlarning ishtaha bilan non yeyayotganlarini koʻrib, oʻksingandek gapirdi:
— Tolelaring ochilsa, yogʻli patir chaynasalaring ham ajab emas. Xudodan erta-yu kech tilaganim shu. Zumradni, butun shaharga dongʻi ketgan zavodchi boy soʻratyapti. Boyning yugurdagi Eshonxon xudoning bergan kuni boʻzchining mokisidek qatnagani qatnagan. Otasi ikkovimiz kecha rozilik berib yubordik.

Zumrad har kungi gap, deb beparvo kulib oʻtirgan edi, onasining «rozilik berib yubordik» deganini eshitib, yalt etib kampirga qaradi:
— Nima deyapsiz? oyi? Tegmayman unga. Teng-tengi bilan, tezak qopi bilan. Boy boʻlsa, boylarning qizini olsin.

Kutilmagan bu gapdan Gulasalning tomogʻiga non tiqilay dedi.
— Endi bu gapingni bas qil!—dedi Zumradga jahldan qaltirab onasi.— Qizning izmi otada; otasi kimga munosib koʻrsa, shuning etagini tutib ketaveradi qiz degan rasmi. Baxting ochildi-ku, koʻr boʻlmagur! Yeganing oldingda, yemaganing orqangda, boyvuchcha boʻlib yurasan, yomonmi?! Otang boyaqishning ham keksayganda koʻkragiga shamol tegadigan boʻldi, buniyam oʻylagin-da!
— Gapimni eshiting, oyi,—dedi Zumrad jahlini bosib, —u quturgan boy, kuniga bitta xotin olgisi keladi. Eshitdim, ikki xotini bormish, ikki kundosh ustiga qaysi yurak bilan bermoqchisiz meni?! Yeb qoʻyishadi-ku!.. Aqli raso xotinsizku, nega bularni uylamaysiz?!
— Ha, koʻrganman, uchta xotin ustiga tushganlar ham bor, baloday izzatli-obroʻli yurishibdi. Yosh xotin erka boʻladi, soʻzingni oʻtkazib oʻtirasan, nodon qizim,— dedi Momosuluv va kulimsirab qizining yelkasini qoqdi.

Zumrad qoʻlida bir burda zogʻorani ushlab devorga suyangan holda bir lahza jim oʻtirib qoldi, keyin asabiy titroq bilan onasiga dedi:
— Siz oʻylagan tanti boy mingdan bitta chiqadi. Boyligi koʻp boʻlsa—oʻziga, sizga gardi ham yuqmaydi. Ikki orada men kuyib ketaman. Satang xotinlari tinch qoʻyarmidi meni, onajon!

Kampir qiziga javob topolmadi, allanimalar deb poʻngʻillab, savatdagi zogʻoralarni yoyib qoʻydi-da, oshxona yigʻishtirgani ketdi.

Zumrad yana bir necha daqiqa vahimali xayollar ogʻushida oʻtirdi-da, soʻng Gulasalga qarab kulimsiradi.
— Oʻlsam ham topgan boylariga tegmayman. Ol, nondan ye!
— Behuda kuyma, oʻrtoqjon, tegmayman desang, oyoq-qoʻlingni bogʻlab berisharmidi, ra’yingga qarashar,— dedi Gulasal nonga qoʻlini uzatib.— Biziikida har kuni arpa non, judayam chakkamga tegib ketdi, zogʻoraning mazasi boshqa.

Shu payt eshikdan Manzura kirib keldi. Boshida gunafsha shohi paranji. U oʻrta boʻyli, qoracha, loʻppigina qiz. Qoshlari oʻsmadan payvasta, bodomqovoq, qisiq koʻzlarining quv ifodasiga takabburligi qoʻshilgan. U oq shohi koʻylagi ustidan belini sirib kimxob nimcha kiyib olgan, qoʻllarida qoʻsha-qoʻsha yoqut koʻzli tilla uzuk, bilaguzuklar.

Zumrad irgʻib oʻrnidan turdi-da, u bilan quchoqlashib koʻrisha ketdi.
— Jim boʻlib ketding, oʻrtoqjon, kutaverib esim ketdi. Sogʻinganimdan oʻzim kelyapman,— dedi Manzura va qizarib chetda tik turgan Gulasalga zimdan qarab olgach, beparvogina koʻrishdi.
— Kelib yaxshi qilibsan, men ham sogʻingan edim,— dedi Zumrad oʻrtogʻining paranjisini olib taxlar ekan.— Bu — Gulasal, yaqin qoʻshnimiz, juda chevar qiz.
— Shundaymi?—dedi Manzura Gulasalning boshidan oyogʻigacha razm solib.— Chevar boʻlsa, bir juft qoziq lungi tikib bersin. Lekin hech kimda yoʻq nusxa boʻlsin. Oyim qoʻsha-qoʻsha zardevoru kirpechlarni, qoziq lungilarni tiktirib qoʻyibdi. Mayli, tagʻin ikkita qoʻshilsa ortiqchalik qilmas.
— Yoqtirsangiz tikib beraman,— dedi tortinibgina Gulasal.

Manzura toʻrga chiqib, Zumrad solgan qavat-qavat koʻrpachaga oʻtirdi va dimogʻ bilan Gulasalga qarab dedi:
— Bir yoʻlim tushganda shohi bilan ipaklarni tashlab oʻtarman. Narxiniyam gaplashib qoʻyaylik, ishni boshidan pishiq qilgan yaxshi.

Gulasal xijolatdan yerga kirib ketay dedi:
— Oʻldimmi sizdan pul olsam, uyat boʻladi-ya. Manzura sevinchini yashirolmadi:
— Qani, avval tiking-chi, keyin oʻshanga qarab muomala qilarmiz,— dedi kibr bilan.

Manzuraning ovozini eshitgan Momosuluv oshxonadan yugurib keldi, koʻrishib, qayta-qayta hol-ahvol soʻrashgach, eski samovarni koʻtarib, yana oʻchoq boshiga ketdi.

Zumrad bilan Manzura bolalikdan birga oʻsishgan. Manzuraning hovlisi ikki mahalla narida edi. Ular bir otin oyida saboq oʻqishgan...

Zumrad otin oyisini sevardi, u «rahmatli otin oyim yaxshi xotin edi», deya tez-tez eslab qoʻyardi. Otin oyilari oltmishlarga yetib vafot etdi, novcha, toʻladan kelgan, salobatli xotin edi. Qishda egniga olacha mursak kiyib, boshiga shol roʻmol oʻrab, ustidan telpak bostirib olardi, yozda esa ola-bula guldor, keng chit koʻylak kiyib, boshiga oq doka roʻmol oʻrardi: roʻmolning ustidan bir qora lips peshanabogʻni tikkaytirib bogʻlab qoʻyardi. Otin oyining qoʻlida tutdanmi, jingʻildanmi aso boʻlardi, qaddini tik tutib, bir-bir bosib yurardi. Otin oyi qur’onni yoddan oʻqirdi. Navoiy, Fuzuliyning koʻp gʻazadlarini ham yod bilardi, ohang bilan chiroyli oʻqirdi. Oʻzi juda xushxat, lekin shogird qizlariga aslo xat bitishni oʻrgatmas edi. «Qizlarning xat bilmagani tuzuk, yoʻqsa yigitlarga xat yozishadi», derdi. Dinning talablariga qattiq oʻjarlik bilan rioya qilardi. Namoz-ibodatga berilgan bu xotin oxir peshinga qadar qizlarni oʻqitib, keyin ularni ozod qilgach, joynamozdan siljimas, oʻtirgan joyida kelinlari, nevaralariga ish buyurib oʻtirar edi.

Otin oyi shogirdlari ichida Manzurani koʻp turtardi, Manzuraning qizlar bilan soʻzlashib, kulishib oʻtirganini payqab qolsa, darrov qoʻlida tayoq bilan shaqqa tushirardi. Manzura alamiga chidamagandan hoʻng-hoʻng yigʻlab olardi.

«Qizgina, erkaligingni uyingda onangga, otangga qilasan, bu dargohni maktab deydilar, misoli quduqni igna bilan qaziganday, sabr talab qiladi ilm degan narsa», derdi u.

Zumrad bilan Manzura maktabga koʻp yillar birga qatnadilar. Zumrad zehni balandligi, oʻqishga havasi zoʻrligidan koʻp oʻtmay savodini chiqarib oldi. Manzura tuzuk oʻqimadi, xayoli, havasi oʻzga narsalarga band boʻlardi. Maktabga shunchaki «oʻqidingmi — oʻqidim» qabilida qatnaganidan, chala savod qolib ketdi.

Zumrad oʻn besh yoshlarga yetganda turmushning qattiqchiligi tufayli tahsilni toʻxtatishga majbur boʻldi. Manzura boʻlsa Zumraddan keyin tagʻin bir yil chamasi maktabga qatnadi, keyin oʻz istagi bilan oʻqishni tashladi.

Bu ikki qiz qalin doʻst, sirdosh boʻlganidan bordi-keldi qilib tursalar-da, Zumrad oʻrtogʻinikiga har zamonda bir borardi. Manzura Zumradning oldiga haftada bir-ikki daf’a kelib ketardi.

Zumrad oppoq yuvilgan tik dasturxonni oʻrtaga yozdi, kichkina patnisda toʻrtta zogʻora, taqsimchada bir hovuch parvarda olib chiqdi. Manzuraning qarshisiga oʻtirib, gap boshladi:
— Qani, gapir-chi, nima yangiliklar bor?
— Kuyov muborak boʻlsin, oʻrtoqjon, toleing bor ekan, juda sevindim. Saidahmadboynikiga borganman. Uy-joylari yaxshi, oʻziyam hali ancha yosh, qirchillagan vaqti. Dongʻi ketgan zavodchi boy. Bitta kamchiligi — qoʻsh xotinimi? Axir, seni oshiqu beqaror boʻlib olayotgan emish-ku. Bo, erka xotini boʻlib yuraverasan... Toʻy qachon? Yaqinmi?

Gulasal gapga aralashmay jim oʻtirardi, u Zumradga koʻz qirini tashlab, labini tishladi.
— Toʻy boʻladi, deb bir ogʻiz aytmaysan ham-a, oʻrtoqjon! Oʻrtoqlik ham shunaqa boʻladimi?— dedi tagʻin Manzura.
— Menga boy erning darkori yoʻq,— dedi Zumrad qoshlarini chimirib.— Kundoshlik qursin. Oʻz tengim topilib qolar.
— Voy tentag-ey, jinni-minni boʻldingmi!— Oʻtirgan yerida bir toʻlgʻanib qoʻydi Manzura.—Bu nima deganing? Men muborak boʻlsinga kelsam, sen nima deb valdirayapsan? Toʻrt kunmi, besh kunmi boʻldi chogʻi, akamning oldiga bir-ikki boyvachchalar bilan birga Eshonxon kelgan edi,— ovozini pasaytirib shivirladi Manzura.— U tez-tez kelib turadi, oʻzi quvgina, bilimdon, yaxshi yigit. Menga yoqadi-yu, faqat faqir-da... Akamga gapirayotganida deraza orqasidan eshitib oldim. Oʻshandan beri chopqillab kelib ketay deymanu, sira ilojini qilolmayman. Bugun oyim, mehmonlar keladi, deganlariga ham qaramay, oldingga yugurdim...

Momosuluv samovarni koʻtarib kelayotgan edi, Zumrad yugurib borib, «meni chaqirsangiz boʻlmasmidi?» deb qoʻlidan oldi.

Kampir mehmonga choyni achchiqqina damlagan edi, Zumrad oʻrtoqlariga choy quyib uzatdi.

Kampir oʻtirib olgach, gapni uzoqdan boshladi. Er-xotin butun umr faqirlik, tanglik bilan turmush kechirganlarini, berahm taqdirning toshi hamisha boshlarida doʻlday oʻynagani haqida uzoq gapirdi, keyin dedi:
— Xudoga shukur, yolgʻizgina qizimning baxti bor ekan. Lekin qizim tushmagur yoshlik qilib oyoq tirayapti, Manzuraxon. Oʻzingiz tushuntiring, nasihat qiling oʻrtogʻingizga. Tagli-taxtli odamlarning qizisiz, sizga oʻrgatgulik yeri yoʻq,— yalindi kampir.
— Hammasini gapirdim, xolajon, koʻnadi, koʻnmay nima qilardi. Shunday katta dargohga kelin boʻlsa yomonmi?!

Zumrad qovogʻi soliq, sukutda oʻtirardi. Kampir ezmalik qilaverdi.
— Muhammad alayhissalom, toʻrt xotin olish mumkin degan,— dedi.

Ensasi qotib, churq etmasdan oʻtirgan Zumrad chidamadi, asabiy titroq tovushda onasiga dedi:
— Kundoshlar bilan it-mushuk boʻlib yurar ekanman-da!.. Qani tagʻin bir kelsin-chi... juvonmarg boʻlgur Eshonxon... Yer yutgur yugurdakni... itday bir talab beray, mushukday qochsin!..

Kampir oqarib ketdi, qiziga bir xoʻmrayib, indamadi,. Manzura barmogʻi bilan yuzini sidirdi:
— Voy oʻla qolay, uyat boʻladi-ya, uyat — oʻlimdan qattiq, Zumrad! Bas, nozingni yigʻishtirib, xoʻp degin-da, tegib ketaver, keyin pushaymon boʻlib yurma!

Zumrad labini burib, teskari qaradi,
— Yuringlar, qizlar, hovliga tushayliq,— dedi u oyisiga jahl qilib.

Kampir kalovlanib, dasturxonni yigʻishga tutindi. Qizlar goh undan, goh bundan gaplashib, hovli aylanishdi. Koʻklam shabadasi qizlar ruhini koʻtargandek boʻldi. Hazillashib, kulishib, suv boʻyiga qator oʻtirishdi-da, tomlarda toʻpolon bilan quroq uchirib yurgan bolalarni tomosha qilishdi.

Manzura koʻpdan beri yigʻilib qolgan gaplarini qizlarga shivirlab hikoya qila boshladi. Har kun sovchilar eshiklari turmini buzishayotganini, onasi ularga dasturxon yozish, osh-suv qilishdan charchaganini, «Otasi biladi, bamaslahat javob qilarmiz», deb joʻnatganini gʻurur bilan soʻzlardi. Barchasi tagli-zotli odamlar ekanligi, ular keldimi, darrov berkinib olishini, sovchilar, «qizni koʻramiz», deb xiralik bilan turib olishlarini Manzura huzur qilib gapirardi.
— Ertadan kechgacha eshigimizdan sovchilar arimaydi. Ba’zilarini-chi, Zumrad, joʻrttaga bilmagan kishi boʻlib, oʻzim kutib olaman, salom-alik qilib koʻrishaman. Keyin tashqarigami, qoʻshnilarnikigami chiqib ketaman,— dedi Manzura qoshlarini oʻynatib.— Men, albatta yigit zanginlardan boʻlsa, koʻhlik, qomati alifday, shijoatli, olifta boʻlsa, deb orzu qilaman. Shunaqasi chiqmayapti-da. Birining davlati boʻlsa, oʻzi pakana, koʻrimsiz, biri chiroylikkina, lekin choʻloq, savil qolgurlar. Hammasini oʻzim kishi bilmas koʻrib kelaman. Keyin dadam oyim bilan maslahatlashganda, quloq solib eshitib olaman. Mashhur bir bazzozning oʻgʻliga soʻratishibdi. Oppoqqina, suxsurday yigit ekanu, biroq bir koʻzi gʻilayroq ekan. Oyim oʻshandan gap ochgan edi, bir loʻlilik qilib berdim, tengim koʻrshapalakmi, deb.

Zumrad Manzuraning gaplarini bugun gʻoyat loqaydlik bilan tinglardi. Chunki onasining «javob berib yubordik» degan gapi uning yuragiga vahima solib qoʻygan edi.

Manzura Zumradga achinib, ich-ichidan qaygʻurayotgan va indamay jim oʻtirgan Gulasalga koʻz qirini tashladi.
— Zumrad, oʻrtogʻingning ham zimdan yaxshi koʻrgan yigiti bormi? Qora magʻizday istaralikkina ekanu, boʻyi bir oz pastroq ekan-da,— dedi u kibr bilan.

Gulasal qip-qizarib koʻzlarini yashirdi, indamadi. Lekin Zumradning ensasi qotgan edi, darrov javob qaytardi:
— Bizga ham oʻzimizga munosibi topilib qolar. Bechora, gʻarib boʻlsa ham, xulqi koʻhlik, aqli raso boʻlsin... Eshitganman, aql boshda, shijoat yurakda, der ekan hakimlar. Aytishadi-ku mehnatni yaxshi koʻradigan yigitning qoʻli ham, dili ham gul,— dedi u har soʻzini chertib-chertib.

Gulasal dugonasidan xursand boʻlib ketdi, «ajab qilding, boplading bu kekkaygan oʻrtogʻingni», deganday kulimsirab qaradi Zumradga.
— Mana bu manzarani qaranglar, qizlar,— dedi Manzura oraga tushgan koʻngilsizlikni tarqatish maqsadida.— Osmon ham koʻm-koʻk, yer ham koʻm-koʻk. Anavi bulutlarning chiroyli suzishini qaranglar...— shunday deya Manzura pastga qarab yugurib ketdi.

Gulasal jarning narigi yuziga imo qildi. Uzoqda bir necha yosh-yalang yigitlar it urishtirishar edi. Zumrad bilan Gulasalning pastga tushgilari kelmadi. Manzurani chaqirishdi. Biroq u eshitmadi. Pastga tushib olib, hadeb qizlarni chaqirardi.
— Yuringlar, anavi yerda tegirmon bor ekan, tomosha qilamiz,— derdi u. Zumrad bilan Gulasal ham noiloj pastga qarab yugurishdi.

Qizlar pastlikka, jarga qarab ketma-ket chopqillab tushdilar.
— Yopiray, suvning guvillashi juda vahimali-ya!—dedi Manzura chuqurlikda oqayotgan bir tegirmon suvga qarab.

Jarning parigi yuzida it urishtirayotgan yigitlar ochiq yurgan qizlarni koʻrib, allanimalar deb qichqira boshlashdi. Begona koʻzdan hayiqqan qizlar izlariga qaytishdi.

Manzura paranjisini boshiga ildi. Momosuluv xola bilan, qizlar bilan xayrlashib eshikka yurdi.
— Hali vaqt erta-ku, oʻtira tursang boʻlardi,— dedi Zumrad.
— Oʻtirish shunchalik boʻladi-da, mehmonlarim bor, bir-ikki oʻrtoqlarim keladigan edi. Sen ham borib turgin, hadeb men kelaveramanmi?— dedi arazlagan ohangda Manzura, keyin eshik oldida bir zum toʻxtadi:— Zumradjon, koʻp qiyiqlik qilma, ota-onangning aytganiga tegib ketaver, oltinga koʻmilasan...

Zumrad labini burdi:
— Oltini boshida qolsin yer yutgurning.

Manzura, «esing yoʻq», deganday boshini chayqadi-da, zingʻillaganicha chiqib ketdi.

Orqasidan uzoq qarab turgan Gulasal kuldi:
— Biram dimogʻdorki... Boy-da, pul quturtiradi bunaqalarni!

Zumrad «ha» deganday boshini kimirlatdi, lekin indamadi.

Gulasal ham ishini yigʻishtirishga tushdi.
— Men ham uyga chiqa qolay, oyimga qarashaman,— dedi. Xayrlashib chiqib ketdi.

Zumrad ayvonda allaqanday qoʻshiqni ohistagina xirgoyi qilib, yana kashta tikishga berildi.

II

Namozgarga yaqin eshikdan qovogʻi solingan dukchi kirib keldi.

Zumrad otasining kayfi buzuqligini darrov sezgan edi. Oʻrnidan turib ishlarini yigʻishtirdi-da, ichkariga kirib ketdi.
— Kampir, beri kel!— chaqirdi chol xasta tovush bi-lan.
— Ha-ha, nima gap, muncha qovogʻingizdan qor yogʻilmasa?!—dedi kampir, shoshilib ayvon labiga oʻtirgach, soʻng eriga tikildi.
— Ish dumi xurjunda boʻlib qoldi, xotin. Boya Eshonxon oldimga kelgan edi. Boyning ishi koʻp emish. Yaqinda Maskopga, Peterburgga joʻnash ehtimoli bormish. Savdogar boylarning ishi shunday-da, kampir, goh u shaharga, goh bu shaharga qatnab turadi... Pul oʻzi keladimi! Xullas, toʻyni xoʻjayin safarga borib kelgandan keyin qilmoqchimish. Keyin Eshonxon oʻtirib-oʻtirib: «Boy xotinlaridan jinday andisha qilyapti, ota, sabr qiling», dedi. Shunday, kampir, gap mujmal...

Cholning gapini angrayib eshitib oʻtirgan kampir bir necha daqiqadan soʻng eriga qarab dedi:
— Kuymang, otasi, peshanasiga yozilganini koʻradi. Boygami, faqirgami, taqdirning buyurgani boʻladi.

Zumrad uyda, eshik orqasida turib hamma gapni eshitgan edi. Sevinganidan yuragi gurs-gurs urib ketdi, yugurib ayvonga chiqdi-da, onasini quchoqladi:
— Baxtim bor ekan, oyijon! Peshanamga boy yozilmagan!— Zumrad sevinchiga sigʻmay Gulasalning oldiga yugurdi.

Otash-dukchi qizining yengiltakligidan qattiq ranjidi, lekin na urishdi, na soʻkdi. Qushday uchib yugurgan Zumradning orqasidan baqrayib qoldi.

Oʻn Ikkinchi Bob

I

Unsin sandiqdan katta tugunni olib ochdi-da, yeng uchi bilan koʻzyoshlarini arta-arta, onasidan qolgan buyumlarni bir-bir nazardan kechirdi. Eskigina koʻylak, chetiga gul tikilgan roʻmolcha, ikki dona almisoqdan qolgan angishvona, ikki dona tayyorlanmagan xom doʻppi... U har qaysisini birma-bir qoʻlga olib, avaylab siypadi, qalbi gʻam iskanjasida qisilgan holda, uzoq xomush oʻtirdi.

Risolat kampir nevarasini oldiga solib, allaqayga daydib ketgan. Shokir ota tirikchilik dardida bozorga joʻnagan. Tiq etgan tovush yoʻq, qiz tanho.

Tugunda tagʻin akasi Yoʻlchining mayda-chuyda Narsalari: eski bir doʻppi, qiyiq, sargʻayib ketgan qogʻozga ruscha yozylgan xat — Yoʻlchi oʻlganda Unsin uning yon kissasidan topib olgan edi bu xatni. Unsin doʻppini barmoqlarining uchi bilan qayta-qayta avaylab siypadi, lablariga tegizib bir-ikki oʻpdi, tagʻin ehtiyot bilan taxladi, koʻzlariga surkadi, qoʻsh qoʻllab koʻksiga bosdi. Onasi va akasining xotiralariga choʻmib, yum-yum koʻz yoshlarini toʻkdi: alamdiyda qiz uzoq hushsiz oʻtirdi. Qishloqdagi hayotidan turli manzaralar koʻz oldidan qatorlashib oʻtardi: mehribon onasi, qalbiga eng yaqin, aziz Yoʻlchi akasi bilan xayolan gaplashganday, tovushsiz allanimalarni pichirlab qoʻyardi. Uzoq yurtlarga, mardikorga ketgan Elmurod akasini eslab xoʻrsinardi... Unsin shu ahvolda uzoq oʻtirgandan keyin, xomushgina tugunni yigʻishtirayotgan edi, Ra’no kirib qoldi.
— Qoʻrqib ketdim-ey,— dedi Unsin seskanib, keyin teskari oʻgirilib tezgina koʻz yoshlarini artib oldi, majolsiz oʻrnidan turib, oʻrtogʻi bilan koʻrishdi.
— Muncha qoʻrqmasang!— xandon tashlab kuldi Ra’no, keyin birdan qizning koʻzidagi namni, vaziyatidagi siqiqlikni payqab qoldi-da:—Nima gap oʻzi? Senga nima boʻldi?—deb soʻradi tashvishli ohang bilan.
— Nimasini soʻraysan, oʻrtoqjon?— Uzun uh tortdi Unsin.— Sening nima gʻaming bor, nimani tushunasan! Turib-turib xunob boʻlib ketaman, goho onamdan qolgan mayda-chuydalarni bir yozib koʻraman, shunda picha hovurim bosilganday boʻladi.

Ra’noning yuzida tabassum oʻchdi, boʻshashibgina namatga oʻtirdi-da, roʻmoldagi narsalarga asta koʻz yugurtirdi:
— Rostdan oying tikkanmi bu doʻppilarni? Judayam chevar ayol ekanlar, chamanday yonib turibdi-ya!

Unsin bosh silkidi, uzun bir xoʻrsinib oldi-da, titroq ovoz bilan gapirdi:
— Ha, doʻppi tikishga juda chevar edi, oʻla-oʻlgunimcha onamdan xotira deb saqlayman bularni!— Unsin qaddini rostlab oldi. Yoʻlchining doʻppisi orasidagi xatni chiqarib Ra’noga uzatdi.— Akamning choʻntagidan topib olganman bu xatni, koʻr-chi!

Ra’no xatning taxini yozdi, u yogʻ-boʻ yogʻini oʻgirib qaradi:
— Oʻrischa-ku, esizgina, oʻqishni bilmayman-da, bilganimda oʻqib koʻrardik, nima yozilgan ekan-a?
— Akamning oʻris oshnalari bor deb eshitgan edim. Akam, oʻris oʻrtoqlarim bilan tuppa-tuzuk gaplashaman, degan edi bir marta menga,— dardchil tovush bilan javob berdi Unsin.

Ra’no xatni bukladi.
— Koʻz yosh toʻkib oʻtirganingdan nima foyda chiqadi, oʻrtoqjon. Yaxshisi, yur, Valya opamga borib oʻqitib koʻramiz,— hayajon bilan qistadi oʻrtogʻini Ra’no.

Unsin shoshilib tugunni sandiqqa soldi-da, paranjisini yopindi, eshikni omonatgina qulflab, Ra’noning ketidan koʻchaga chiqdi.

Daraxtlarning koʻm-koʻk yaproqlari har soat, har daqiqa gurkirab oʻsgan chogʻi... Quyosh nurlaridan goʻzal oltinlangan havoda yengil, yoqimli koʻklam shamoli zir yuguradi...

Valya hovlida oppoq yuvilgan kirlarni chayqayotgan ekan.

Unsin koʻrishgan hamon nima maqsad bilan kelganlarini aytdi.
— Shu xatni oʻqing-da, mumkin boʻlsa, bizlarga tushuntirib bering, opajon,— dyodi u yalingan ohangda.
— Nega mumkin boʻlmasin, albatta mumkin,— dedi Valya va darrov hovlida turgan stol atrofidagi taburetkalarga qizlarni oʻtqazdi, oʻzi ham ularga qarshima-qarshi oʻtirib olib, qoʻllarini fartugʻiga artdi-da, xatni ochdi, qoshlarini chimirgan holda jiddiy tus bilan koʻz yugurtib, bir karra xatni nazardan oʻtkazib oldi, keyin soʻzlarni bir-bir donalab oʻqiy boshladi. Unsin bu soʻzlarning ma’nosini garchi tushunmasa-da, quloq solardi. Ra’no ba’zi jumlalarni, iboralarni andak tushunardi.

Valya xatni oʻqib tugatdi-da, tikilib turgan Unsinga tushuntira boshladi:
— Mazmuni shuki,— rus va oʻzbek soʻzlarini qorishtirib soʻzlardi Valya,— Petrov degan kishi Vasilьev degan bir kishiga yozgan bu xatni. Turmadan Yoʻlchi ikkovimiz birga qochdik, deydi Petrov. Men uzoq joyga ketyapmon, maxfiy ish... Ehtiyot boʻl, oʻrtoqlarga salom. Bu xatni sen-ga topshiruvchi Yoʻlchi bizga nihoyat sodiq kishi. Jasur yigit, Turkistonning mehnatkash yigitlaridan. Turmada sekin kechadigan kunlar, tong otmaydigan tunlardan foydalanib, rus tilini va siyosiy bilimni picha oʻrgatdim unga, debdi. Bolьsheviklar partiyasiga arziydigan yigit, debdi. Vassalom, xatning qisqa mazmuni shu,— dedi Valya va qogʻozning orqasiga koʻz yugurtirdi, adresi ham bor ekan.

Ra’no bir ruscha soʻzga bir oʻzbekcha soʻzni tirkashtirib, ba’zi tushunmayotgan soʻzlarni qayta-qayta soʻrab, aniqladi. Unsin koʻzlarida jiqqa yosh, indamay oʻtirardi. Valya bilan Ra’no uni ovutishga, koʻnglini olishga tirishardilar.

II

Indiniga soat oʻn birlarda ikki dugona tramvayda yangi shahar tomon joʻnashdi. Unsin tramvayga endi tushishi edi, uning shovqinidan goʻyo birdan boshi aylanganday tuyuldi. U oʻqtin-oʻqtin peshanasini uqalab qoʻyar edi. Ra’no piq-piq kuldi.
— Oʻrganib qolasan, konka ajoyib narsa, moʻljallagai joyingga lahzada eltib qoʻyadi,— dedi oʻrtogʻining tizzasini turtib. Qizlar vagondagi begona kishilardan tortinib, past ovozda gaplashib oʻtirishardi.
— Manavi Qozikoʻcha, shu yerda yaxshi oʻrtoqlarim bor, qaytishda ularning oldiga kirib chiqamiz-a,— dedi Ra’no Unsinni tirsagi bilan turtib.
— Qani, Qozikoʻcha qani?—u yoq-bu yoqqa alanglab soʻradi Unsin.
— Oʻng tomonda, orqada qoldi. Konka deganing shamolday oʻtdi ketdi-da,— kulib javob berdi Ra’no.
— Xoʻpam yaxshi narsa boʻlarkan,— dedi Unsin oynalarga, kursilarga koʻz yugurtirib.

Tramvay Oʻrdaga yetganda Ra’no Unsinni shoshira boshladi.
— Yur-yur, tezroq tush, yurib ketadi,— oʻzi chaqqonlik bilan tushib oldi. Unsin ham shoshilib, oʻrtogʻi orqasidan yerga sakragan edi, vagon eshigiga paranjining qulogʻi ilinib qoldi. U «Voy shoʻrim!», deb nima qilishni bilmay turgan edi, dugonasi bir siltab, tortib oldi.

Oʻrdaning ikki tomonida bir-biriga yopishgan eski, tor kichik doʻkonlar — baqqollar, qassoblar, mashinachilar tizilgan. Qizlar ohista yurib, doʻkonlarga qarab, shivirlasha-shivirlasha Oʻrda koʻprigidan oʻtishdi, toʻgʻri koʻcha bilan ketishdi.
— Gorodga ikki marta chiqqanman,— dedy Ra’no shoʻx ovozini jaranglatib.— Bir gal Merobodga borganman, u yerda oʻzbeklar ham turadi, keyin bir marta allaqanday koʻchalardan oʻtib, Qorasuvga, bir boqqa borganmiz xolam bilan.

Qizlar u koʻchaga bosh tiqib, bu koʻchaga bosh tiqib, adashib ancha yurishdi, oxiri bir rus choldan soʻrashdi.
— Ha, barishnalar, adashibsizlar, orqaga qaytib, maydonchadan oʻtinglar-da, chapga burilinglar, naq oʻziga chiqasizlar. Tinch, pastqam koʻcha.
— Ispasipa, ispasipa,— dedi Ra’no sevinganidan qayta-qayta.

Qizlar tez-tez yurishib serdaraxt, ikki tomonidan jildir-jildir suv oqib turgan ensizgina sokin bir koʻchaga kirishdi. Qizlar soʻroqlab kelgan koʻcha shu edi. Tusmol bilan bir-ikki eshikni qoqib, oxiri Vasilьevning uyini topishdi. Eshikni oriqqina, jussasi kichik, sochlariga oq oralagan bir rus ayol ochdi.
— Vasilif amaki uydalarmi?—tutilib, qiynalib, oʻzbekcha-ruscha soʻzlarni aralashtirib soʻradi Ra’no.

Unsin chachvonini orqasiga tashladi:
— Vasil amakim shoʻtdamilar?— dadil soʻradi Unsin barmogʻi bilan uyni koʻrsatib,— pajalista chaqiring.

Ayol bir zum hayron boʻlib turdi-da:
— Kiringlar, hozir keladi,— deb qizlarni ichkariga taklif qildi.

Qizlar oldinma-ketin ichkariga kirishdi. Katalakdek torgina eski bir hovli. Devorga qisilib oʻsgan ikki tup olcha hovlining yolgʻiz koʻrki edi.
— Ismlaringiz nima?—soʻradi ayol yumshoqlik bilan.
— Megning ismim — Ra’no, oʻrtogʻimniki — Unsin,— javob berdi Ra’no ruscha soʻzlarni donalab.
— Meniki — Tatьyana Ivanovna,— dedi ayol qizlar bilan koʻrishib.— Marhamat, uyga kiringlar, Vasilьevning ishi juda koʻp, hozir kelib qoladi.— Uyning, eshigini ochib, ichkariga taklif qildi qizlarni u.

Qizlar xonaga kirishlari bilan paranjilarini yigʻishtirib, deraza tagiga tashladilar, oʻrindiqlarga oʻtirib, sukutda atrofga koʻz yugurtirdilar. Tomi past, sahni kichiq bir xona, lekin oppoq oqlangan, ozoda.

Qarshida kulimsirab turgan Tatьyana Ivanovnadan Ra’ no tutilib soʻradi:
— Bolalaringiz bormi, opa?
— Ikkita,— javob berdi u muloyim tabassum bilan ikki barmogʻini koʻrsatib,— bir qiz, bir oʻgʻil. Kattam — qiz, Samarqandda, turmushga chiqqan. Oʻgʻlim Vanya front-da,— ayolning chehrasidan tabassum yoʻqoldi.— Gʻam koʻp,— dedi u alamli ohang bilan va boshini chayqab hovliga chiqib ketdi.

Qizlar yalt etib bir-birlariga qarashdi, Unsin labini tishlab, achinganidan boshini tebratib qoʻydi.

Allaqayerdan paydo boʻlgan bir kuchuk dahlizda qizlarga koʻzini loʻq qilib oʻtirib oldi.
— Laychamikan?—soʻradi Unsin.— Indamaydi-ya, koʻzlariga qara!
— Koʻzlarining ziyrakligidan aqlli kuchukka oʻxshaydi, oʻrislarning itlari shunaqa oʻrgatilgan boʻladi,— dedi Ra’no.

Qizlar birpas churq etmay, gap yoʻq, soʻz yoʻq jim oʻtirishdi. Kuchuk ham koʻzlarini uzmay haykalday qotib oʻtirardi.

Tatьyana Ivanovna koʻchaga, qayergadir chiqib ketgan edi, anchadan keyin qaytib kirdi:
— Hech kim kelmadimi?— soʻradi qizlardan.— Erimda nima ishlaring bor edi? Balki men ham koʻmak bera olarman sizga?
— Bir xat bor edi, oʻzlarining qoʻllariga topshirishimiz kerak,— dedi Unsin. Ra’no buni ruscha tushuntirdi xotinga.

Tatьyana Ivanovna indamadi, faqat oʻzlaring bilasizlar, deganday yelkasini qisib qoʻydi:
— Jek, yoʻqol, joʻna!— dedi kuchukni jerkib.

Kuchuk irgʻib hovliga otildi, Qizlar kulishdi.
— Oʻlgur-ey, serfahmligini koʻr!— dedi Ra’no xaxolab.

Shu payt oʻrta boʻyli, keng yagʻrinli, oq koʻylagi ustidan tasma bogʻlagan, etik kiygan Vasilьev kirib keldi; Qizlarni koʻrib boshidan kepkasini oldi. Qizlar dik etib oʻrinlaridan turishgan edi.
— Zdravstuyte!— dedi u muloyim kulimsirab va shapkasini qoziqqa ildi-da, chetroqda turgan oʻrindiqqa oʻtirdi.— Oʻtiringlar, qizlarim, oʻtiringlar,— deya qizlarni ham oʻtirishga taklif qildi.

Qizarishib, tavoze va nazokat bilan salom bergandan soʻng jimgina joylariga oʻtirisharkan, Ra’no koʻzlari bilan Unsinga imladi. Unsin nimchasining choʻntagidan xatni chiqarib, hayajondan qaltiragan qoʻllari bilan Vasilьevga uzatdi.

Vasilьev shoshilib koʻzoynagini taqdi-da, xatni qiziqish bilan koʻzdan kechirdi. Soʻng bir oz sukut qilgach, dedi:
— Yoʻlchining ta’rifini eshitgan edim. Sizlar uning kimi boʻlasizlar, qizlarim?

Ra’no shu savolni kutib turganday darrov javob berdi:
— Vot sestra, xaroshi kizimka. Qishloqdan kelgan shaharga.

Unsin allanechuk boʻlib qetdi. Koʻzlari jiqqa yoshga toʻlganidan, qizarib yerga qaradi. Ra’noning tizzasini sekin turtib: «Akasi halok boʻlganida choʻntagidan topib olgan, sizga keltirdik, degin, tuzukkina tushuntirsang-chi, oʻrischa bilasan-ku!» dedi shivirlab oʻrtogʻiga. Ra’no bilganicha tushuntirishga tirishdi.
— Petrov amakim qayerdalar? Toshkentdamilar yoki boshqa shahardamilar?—soʻradi birdan Unsin muloyimlik va nazokat bilan.

Vasilьev Unsinning qalbidagi toʻlqinli hislarni, alamli kechinmalarni sezgan edi. Bir qoʻlida papiros, bir qoʻli bilan peshanasini uqalab, birpas jim oʻtirdi. Soʻng Petrovning hozir Samarqandda ekanligi, yaqin kunlarda Toshkentga kelishini tushuntirdi.

Unsinning yuzi yorishdi, koʻzlarining jilvasi minnatdorligini ifoda etardi.

Erining yonida bularning suhbatiga quloq solib turgan Tatьyana Ivanovna, endi tushundim, deganday boshini ma’noli tebratib qoʻydi. Soʻng dasturxon yozib, choy hozirlay boshladi.
— Vasilьev papsros tutatib, qizlarga shu kunlardagi yangiliklardan hikoya qila boshladi. Koʻp kurashlarda chiniqqan ishchilar sinfi bolьsheviklar partiyasi rahbarligida Nikolay istibdodini yemirib tashlaganini tushuntirdi.
— Afsuski, qizlarim, bizga tugʻilgan quyosh yuziga bulut tortibdi. Burjuylar pomeshchiklar, iflos va sotqin xiyonatchilar koʻmagi bilan davlatning jilovini qoʻllariga olib qoʻydi. Olamning xoʻjayini biz, deydi ular. Ha, dahshatli haqiqat bugun shunday,— dedi qat’iy ravishda Vasilьev qahr bilan boshini tebratib.
— Burjuy deganingiz nima oʻzi?— qiziqib soʻradi Ra’no.
— Hamma boylar, fabrikantlar, savdogarlar, umuman aytganda, mehnatkashlarning qonini soʻrib turgan kanamaxluqlar,— javob berdi ogʻir sokinlik bilan Vasilьev.

«Tushundik, tushundik» deganday, koʻzlarida gʻazab bilan boshlarini tebratishdi qizlar.
— Butun mehnat ahli yigʻilib bir musht koʻtarsak, burjuylarni Muvaqqat hukumati bilan birga qoʻshib jahannamga agʻdaramiz. Zavodda musulmon doʻstlarim koʻp, oʻzbekchani picha oʻrganib qoldim,— dedi Vasilьev. Birpas sukutdan keyin davom etdi:—Qizlarim, biz Sovet tuzumini quramiz. Ishchilar, soldatlar, dehqonlar — bir katta kuch boʻlamiz,— dedi mushtini stol chetiga qoʻyib, ishonch bilan Vasilьev.— Omma uchun xizmat qilish, uning yuragiga kirib, gʻaflat uyqusidan uygʻotish bizning muqaddas burchimiz. Yoʻlchi nima qildi? Yoʻlchi ham shu yoʻlda qurbon qildi oʻzini. Har daqiqa gʻanimat shu kunlarda. Xalqni ayni kurashga da’vat etish fursati. Xalqning yuragidagi orzu-istaklarini tushunish katta ish. Biz xalq bilan birgamiz, aslo chekinmaymiz bu yoʻldan! Hamisha el foydasini koʻzlaymiz, maqsadimiz yolgʻiz shu!

Qizlar, bu soʻzlarning ma’nosini tushunishga tirishib, lom-mim demay, jim tinglar edilar.

Tatьyana Ivanovna samovarni olib kirib, ozgina qora nonni yaproqlab kesdi, bir idishda olcha qiyom qoʻydi.
— Bu yil olchamiz bir talay gullagan edi, lekin kamroq tugdi, pishsin-chi, shakar boʻlsa, ozgina qaynatardim,— dedi qizlarga choy uzatib Tatьyana Ivanovna.
— Bizdayam olcha bor, gʻuj-gʻuj tugdi,— dedi koʻzlarini oʻynatib Ra’no.

Hammalari xursand holda, oz-oz non tishlab, stakanda choy ichib oʻtirdilar.
— Ahvol shunday, qizlarim!—dedi Vasilьev jiddiy ohang bilan avvalgi gapga qaytib.— Hozir bizning birinchi vazifamiz, roʻy bergan ahvolni xalqqa tushuntirish, kurashni davom qildirib, davlatni oʻz qoʻlimizga olguncha kurashga da’vat etish.

Qizlar garchi Vasilьev aytayotganlarning hammasini tushunib yetishmasa-da, gapning zamirini fahmlab oʻtirishardi.
— Qizlarim, savodlaring bormi?—soʻrab qoldi toʻsatdan Vasilьev.
— Musulmonchadan savodim bor, lekin oʻrischadan sira xabarim yoʻq,— dedi Ra’no afsuslanib,
— Men boʻlsam tamom gumrohman. Na oʻqishni bilaman, na yozishni. Omiligimcha qolganman,— dedi oʻksinib Unsin.

Vasilьev achinganidan, boshini quyi solib jim oʻtirardi. Oʻrtadagi ogʻir sukunatni buzmoqchi boʻlib, Tatьyana Ivanovna gapga aralashdi:
— Xafa boʻlmanglar, singillarim, yoshsizlar, hali oʻrganasizlar, mana, men xafa boʻlsam arziydi. Turtinib-turtinib oʻqiymanu, lekin yozishni bilmayman,
— Baloday sharillatib oʻqiysan-ku, qoʻlingga tushgan romanni,— dedi xotiniga hazillashib Vasilьev.

Hammalari kulishdi.

Qizgʻin, maroqli suhbat ancha choʻzildi. Mehmonlar ham, mezbonlar ham, goʻyo koʻpdan tanish, qadrdon odamlarday, bir-birlariga yaqin his qilishardi oʻzlarini.

Nihoyat qizlar ijozat soʻrab, oʻrinlaridan qoʻzgʻalishdi va qayta-qayta tashakkur aytishib, xoʻshlashishdi. Er-xotin qizlarni koʻcha eshikka qadar kuzatishib, «Kelib turinglar», deb joʻnatishdi.

III

Qizlar Vasilьevnikidan ruhlari koʻtarilib, xursand qaytishardi. Oʻrdaga yaqin qolganda Ra’no paranjisini qiya ochib, jilmaydi:
— Koʻp oʻylayverma, oʻrtoqjon, kel, bu yogʻiga, konkada keta qolaylik.
— Piyoda tomosha qilib ketavermaymizmi qaytaga..,— dedi Unsin ikkilanib, keyin bir narsa esiga tushganday, yalt etib Ra’noga qaradi:— Aytganday, Qozikoʻchadagi pista chaqar qizlarning uyiga kiramiz degan eding, Ra’noxon, piyoda bora qolaylik.
— Ha-ya, esim qursin, piyoda ketaveramiz,— dedi Ra’no shoʻx ovozi bilan.

Chachvon ostidan asta shivirlashib, piq-piq kulishib borishardi. Ra’no oʻng tomonga imladi.
— Mana bu — shifoxona, bir marta tomogʻimga tepki kelganda oʻzim kelganman shu yerga. Doʻxtirlar hammasi oʻris, oʻzbekcha biladigan yolgʻiz bitta-yu bitta noʻgʻay xotin bor ekan. Oʻziyam juda bilgich, mashhur doʻxtir ekan.

Unsin bir zum toʻxtab, shifoxonaga qaradi.

Qizlar Qozikoʻchaga qayrilib, bir oz yurishgandan keyin kichkina tor koʻchaga burilar ekanlar, duradgorning eshigiga qarshi katta bir darvoza oldida Zumradga duch kelishdi. U Manzura bilan shu koʻchadagi mashhur boyning qizi Gulchehra va yana bir qiz bilan gaplashib turardi. Gulchehra labi labiga tegmay, allanimani hikoya qilardi. Ra’no bilan Unsin yuzlaridan chachvonlarini olishib, qizlar bilan koʻrishishdi.
— Voy, daydi qizlar,— dedi kulib Zumrad,— kim ekan bular desam, sizlar ekansiz. Tanishing,— dedi imlab yonidagi qizlarga, keyin Ra’no bilan Unsinga oʻrtoqlarini tanishtirdi.— Bu qizlar Manzuraxonning oʻrtoqlari: Rafiqaxon bilan Gulchehraxon,— dedi.

Ra’no bilan Unsin egilishib, ta’zim bilan koʻrishishdi.
— Manzuraxon bizni qiz oshiga aytib kelibdilar,— dedi Gulchehra Ra’noga tabassum bilan.— Yigitning ta’rifi baland. Qoʻsha qarishsin. yigit quchogʻi — sevgi oʻchogʻi... Bazmdan qolmaymiz. Ertaga boraveramiz.

Qizlar kulib yuborishdi, Manzura qizarib, teskari oʻgirildi.
— Kelin poshshaning soyasi juda yupqa, til tegizmanglar unga. Yuringlar, qoʻshni qizlarning oldiga olib kiray, nihoyatda kamtar, xushchaqchaq qizlar, koptok oʻynab chiqamiz,— dedi Manzuraga Gulchehra.
— Yuringlar, biz ham pistachi oʻrtoqlarimizning oldiga kelyapmiz,— dedi Ra’no qizlarga.

Qizlar qarshida, chap qoʻlda qiyshayib turgan omonatgina tor eshikka kirishdi. Haqiqatan, beshta qiz, serdaraxt, tangaday oftob tushmagan salqin hovlida chir-chir aylanishib koptok oʻynar edilar. Qizlar jundan yasalib, rang-barang ipaklar bilan toʻrlangan koptokni navbatma-navbat yerga gup-gup urishib, chir-chir aylanishardi. Yana bitta kichkina rezinka koptoklari ham bor ekan. Dugonalarini koʻrib qizlar oʻyinni darhol toʻxtatishdi-da, quchoq ochib koʻrisha ketishdi.

Duradgorning ikkinchi qizi, mahmadona, gapga chechan, bir soʻzlab, oʻn kuladigan Baxmal birpasda gapga tushib ketdi:
— Ishi yoʻqning oshi yoʻq, ishlamagan tishlamas, deydilar. Och qolmaslikning iloji shu deb kecha-kunduz mijja qoqmay, pista chaqib beramiz. Puli qursin, mehnatiga arzimaydi, lekin nachora! Birpasgina qoʻlimizning chigilini yozish uchun koptok oʻynayapmiz.

Qizlarning kattasi — Suluv, istarasi issiqqina, aqlli, ogʻir, jafokash qiz — Ra’no bilan Unsinning kirib kelganidan sevinib ketdi.
— Arazmisan, oʻrtoq, nega kelmay qoʻyding? Kashtalaringni ola kelganlaringda dardlashib ish qilardik, besh qiz zardob yutib oʻtiribmiz,— dedi gina bilan.

Gulchehra darrov koptokka urdi oʻzini. Koptokni yerga qattiq-qattiq urib, lapanglab aylana boshladi. U yetti-sakkiz aylanishi bilanoq koptokni ariqqa qochirdi. Harsillab koptok orqasiden yugurgan edi, qizlar piqillab kulib yuborishdi. Gulchehra qovogʻini osiltirib bir oʻqraydi-da, koptokni jahl bilan oʻrtaga otdi.
— Hiringlashmay oʻla qollaring, ayb paxta koptokda, shuyam koptokmi?—dedi u kibr bilan va oʻzini soyaga olib, qizlarga bir-bir nazar soldi.— Pichir-pichir nimasi, echkining dumini chaynayapsanlarmi?
— Kulmay oʻlaylikmi, oʻynagandan keyin kulishadi-da, oʻrtoq,— dedi Baxmal qoshini chimirib.— Tushing, siz, Ra’noxon opa, judayam koptok oʻyinga ustasiz, jonim tasadduq sizga.
— Qaydam, esimdan ham chiqib ketgan shekilli, qani, koʻray-chi,— deb Ra’no koptokni yerga bir urgan edi, osmonga sapchidi. Qayta-qayta boʻy barobar otildi koptok; Ra’no, goʻyo havoda uchganday, chir-chir aylanar, oyoqlari yerga sira tegmayotganday, zavq bilan, maroq bilan berilib oʻynar edi. Qizlar hammasi, nafaslarini ichlariga yutib, churq etmay, sanab turishdi. Ra’no oʻttiz olti marta aylangan ediki, koptok chetga qochdi. Qizlar navbatlashib, zoʻr ishtiyoq bilan uzoq oʻynadilar. Birovlari davradan lahzada chiqdi, birovlari uzoq, hammaning havasini keltirib, chiroyli oʻynadi.

Ra’no Zumradni duradgorning qizlari bilan yaxshilab tanishtirib qoʻydi. Qizlar dam oʻtmay qalin oʻrtoq boʻlib olishdi, bir-birlariga yuraklarini ochishib, u yoq-bu yoqdan bir oz dardlashib ham olishdi.
— Tirikchilik qurib ketsin, bir on tinim yoʻq, nuqul doʻkondorlarning pistasini chaqamiz. Shunaqa jonga tegdi-ki, asti qoʻying...— zorlandi duradgorning toʻrtinchi qizi Qandolat.
— Zumrad, yur endi, hali qiz oshiga aytadigan oʻrtoqlarimiz koʻp. Biram ezmasan-ey,— dedi qistab Manzura.
— Manzuraxonnikiga qiz oshiga. boringlar-a, qizlar,— dedi Zumrad yoqimli jilmayib, keyin Unsinning qulogʻiga shivirladi:—Erta-indin bir kirib chiqaman sizlarnikiga.

Ra’no bilan Unsin opa-singillarga qoʻshilib, dugonalarini kuzatish uchun koʻchaga chiqishdi. Atlaslarga burkangan, pardozi joyida Gulchehra kekkayganicha, magʻrur yurib darvozasiga kirib ketdi. Ra’no, Unsin opa-singillar bilan hovliga qaytib kirishdi. Qizlar kichik bolgʻachalar bilan pista chaqishga oʻtirishdi. Ish orasida oʻtgan-ketgan har xil qiziq voqealarni eslab kulishib oʻtirishdi. Unsinning ham koʻngli ancha yozildi, ruhi koʻtarilib, hazil-mutoyibaga aralashib ketdi. U hali turmushning ogʻirligidan soʻzlar, hali boylar hayoti bilan chogʻishtirar edi.
— Toʻgʻrisini aytganda, boylar oʻta noinsof, bagʻritosh odamlar. Mana, mashhur paxtachi Mirzakarimboyni oling, mening togʻam boʻladi. Eshigida bir oz turdim, ichganim yuvindi boʻldi, yumush oʻlgur kun ham, tun ham sira bitmasdi.
— Toʻgʻri-toʻgʻri,— ma’qullashdi qizlar,— jamiki boylar zolim.
— Ha-ya, shunday olamga dongʻi ketgan boy togʻasinikidan zigʻirday naf koʻrmadi-ya, undan bir yot kambagʻal kosib cholnikini afzal koʻrdi oʻrtogʻim,— dedi Ra’no qizlarga tushuntirib.

Qizlar tinmay pista chaqar, qoʻllari qoʻllariga tegmas edi. Shu tarzda goh turmushning achchiq-chuchugidan zorlanishib, goh hazil-mutoyiba bilan uzoq gaplashib oʻtirishdi.
— Xayr, oʻrtoqjonlar,— dedi oʻrnidan qoʻzgʻalib Ra’no.— Biz tomonga ham boringlar, oʻynab kelasizlar.
— Boramiz, oʻrtoqjon, bir hordiq chiqarib kelamiz,— javob berdi labi labiga tegmay Baxmal qaqildoq.

Unsin Ra’no bilan xayrlashib, hovliga kirganda cholu kampirlar avji jangda edi. Bir-birlariga achchiq kesatishib, haqoratlarni yogʻdirib turishgan edi.
— Yer yutgur cholning xarxashasidan oʻlar boʻlsam oʻlib boʻldim. Esiz umrim-a, gʻam-gʻussa bilan ado boʻldi,— dedi kampir mushtini yerga urib.

Chol Unsinni koʻrib, kampirini koyib berdi.
— Boʻldi endi, ovozingni oʻchir. Kirimni yuvmasang qoʻya qol, oʻzim ham yuvaman. Daf boʻl-e! Qoʻshnilarnikidan beri kelmaydi, shum kampir. Mana, qizim bor, bir ogʻiz aytsam, soʻzimni ikki qilmay yuvadi kirimni.

Mojaroning sababini tushunmay turgan Unsin, cholning keyingi gapidan oʻziga kelib, kulib yubordi.
— Uyat boʻladi-ya, qoʻshnilar eshitsa nima deydi, bas, buvajon. Undan koʻra mana bu gapni eshiting,— dedi u boshidan paranjisini olib taxlarkan.— Yoʻlchi akamning choʻntagidagi xatni oʻqib beradigan odam topdik. Ra’nolarnikida turadigan Valya opam oʻqib berdi. Xatni Petrov degan amakim Vasilьev degan kishiga yozgan ekan. Xatning orqasida turadigan joyi yozilgan ekan. uyini adashib-adashib boʻlsayam, topib bordik. Biram xushfe’l odam ekan-ki... Yoʻlchi akamni bilarkan, eshitgan ekan, hammasini gapirib berdi. Petrov amakimni soʻradim. «Samarqandda, yaqinda keladi, xabar olib tur», dedi. Ota, gap koʻp, bafurja gapirib beraman,— dedi Unsin va oshxonaga yugurdi, yenglarini shimarib ovqatga urinib ketdi. Qiz xursand, vaqti xush, hayajonli edi.

Chol xarxashani unutdi, ayvon labiga oʻtirib, boshini ikki qoʻli orasiga olgan holda xayolga choʻmdi: achchiq-chuchuk voqealar xotirasiga berildi. Cholning koʻz oldiga kulimsirab turgan barvasta qomat, shijoatli Yoʻlchi keldi-da, tagʻin parishon fikrlar boʻronida yoʻq boʻldi...

Oʻn Uchinchi Bob

I

Zavod yonboshidagi salqin choyxonada Jumaboy bilan Shermat choy ichib oʻtirishibdi.

Zavod darvozasidan oʻzbek, tojik, rus ishchilari kirib-chiqib turishibdi.

Jumaboy kichkina patnisdagi burdalangan nondan yeb, ustidan tez-tez choy hoʻplab qoʻyardi. U zavodda tuzilgan toʻgarakda ish faol ketayotganini, oʻzi ham unga a’zo boʻlganini, ancha narsaga aqli yetadigan boʻlib, koʻzi ochilib qolganini Shermatga mamnuniyat bilan hikoya qilardi.
— Mayli, kirganing ma’qul, ehtimol foydasi boʻlar,— dsdi Shermat choy hoʻplab.
— Sen ham kir,— dedi atrofga bir alanglab olgach Jumaboy, ovozini pasaytirib.— Mundogʻ nazar solsam, ancha gaplar bor ekanu bexabar, gʻaflatda yurgan ekanmiz. Koʻkragimiz koʻr-da, koʻr!—Nimadandir gumonsiraganday koʻcha tomonga yana bir qarab olgach, soʻzida davom etdi:— Shuni yaxshi fahmladimki, birodar, masterovoylar bilan ishchilar safining oldida yurish kerak ekan. Ishchilar, tuzumni agʻdar-toʻntar qilamiz, deydi. Bu, bilasanmi, nima degan gap? Saidahmadga oʻxshaganlarni devorning tagiga bostirib, barcha ishga oʻzimiz bosh boʻlamiz, degani. Ya’ni, kim mehnat qilsa — u xoʻjayin, gapning poʻskallasi shu. Ishning butun jilovi sovetda boʻlarmish, tushundingmi, doʻstim. Sovet — xalqning gʻamxoʻri, butun xatti-harakati faqat xalq manfaatini koʻzlash ekan. Sovet degan soʻzni bizning tilda shoʻro der ekanlar,— dedi Jumaboy uqtirib.— Sen ham kir bizning qatorga, doʻstim, zehning baland, koʻp narsalarni tushunib olasan. Saidahmadxon, Eshonxonlarning gapiga kira koʻrma, ular boʻri, zinhor ishonma!

Oʻyga tolgan Shermat Jumaboy boʻshatgan piyolaga choy quyib uzatdi.
— Boylarning boʻriligini oʻzim ham bilaman, lekin men musulmon farzandiman. Oʻrislarga qoʻshilib, oʻzimizning musulmonlarga hadik solib yurishim yaxshi boʻlmas, deb andisha qilaman. Koʻraman-da, shoshirma-chi.

Jumaboyning qovogʻi solingan edi, u ixtiyoring, degandek, yelkasini qisib qoʻydi. Shu payt zavoddan master Arkadiy Petrovich chiqib kelaverdi. U Jumaboyni uzoqdan koʻrgan edi.
— Salom, ishlar qalay!—soʻradi Jumaboy qoʻl uzatib.
— Tuzuk,— deb javob berdi master va Shermat bilan koʻrisha turib, Jumaboyga dedi.— Yur men bilan. Aleksandr bogʻida majlis bor.— Qoʻlidagi oʻralgan maxorkani tutatib, ustma-ust tortdi, Shermatga nimadir demoqchi boʻldi-yu, lekin indamadi.

Jumaboy choʻntagini kovlashtirib, patnisga chaqa tashlagach, oʻrnidan turib Arkadiy Petrovichga ergashdi. Ular zavoddan tinmay chiqayotgan ishchilar toʻdasiga qoʻshilib ketdilar.

Shermat yolgʻiz qolib, Jumaboy aytgan gaplarni bir-bir xayolidan oʻtkazdi. «Saidahmadboyning zulmi, noinsofligi haddidan oshyapti, ishchilar norozi,— deb oʻylardi u.— Savdo-sotiqni yoʻlga qoʻyishni yaxshi biladi-yu, ishchilarini rozi qilishni nega bilmas ekan-a? Yo dunyoning oʻzi shunaqa qurilganmi?»

Shermat shunday xayollar bilan oʻrnidan endi qoʻzgʻalgan edi, zavod hovlisidan yoʻrgʻalab Eshonxon chiqib qoldi,
— Ha, Shermat aka, uygami?— soʻradi u.
— Kallam shishib oʻtiribman shu topda,— javob berdi dilgirlik bilan Shermat.
— E-e, behuda tashvishlar bilan bosh qotirmang, yuring, menga yoʻldosh boʻling. Eski shahardan bir hovli koʻramiz,— dedi Eshonxon sirli jilmayib.
— Hovli savdo qilasizmi? Oʻzingizgami?
— Be-e, bizga chikora! Boyga-da, boyga olyapmiz. Biz ham sizga oʻxshagan bir xizmatkor. Lekin men ixlos bilan xizmat qilaman. Har kim mehnatdan topadi, mehnatsiz ish bitmas, aka! Lekin sadoqat lozim, bu gapimni mendan katta boʻlsangiz ham koʻkragingizga jo qiling, ma’nosi katta,— dedi Eshonxon gʻurur bilan.

U bugun haddan tashqari sergap edi. Shermat boʻlsa onda-sonda bir soʻz qotib, jim borardi. Ular tramvayga tushib, eski shahar tomon yoʻl oldilar.

Tramvayda odam siyrak edi. Vagonning oldirogʻiga borib oʻtirishgach, Eshonxon hamyonini chiqarib uzoq titkiladi. U tezda mayda topolmadi. Qogʻoz pulni maydalagisi kelmayotganini sezgan Shermat, kulimsiradi:
— Mulla yigit, chaqaning chiqishi qiyin boʻlyapti, bizniki yaqinroqda, men ola qolay.

Eshonxon Shermatning gapidagi kinoyani sezgan boʻlsa ham indamadi. Hamyonidan yarim tanga chiqarib pattachiga uzatdi.

Endi ikkovi ham churq etmasdan oʻz xayollariga band, sukutda oʻtirardi. Darhaqiqat, ikkovining ham ishi oson amas. Shermat uzzukun tinmay ishlaydi, qanor-qanor paxtani tashiydi. Eshonxonning zimmasida ming turli ish, boyning buyruqlarini bajo keltirnsh uchun hali eski shaharga, hali yangi shaharga qatnaydi.

Oʻrdaga yetganlarida duv etib bir toʻda oʻspirinlar chiqishdi. Barchasi yosh yigitchalar, ustlarida oldi ochiq oq koʻylak, bellarida qoʻsh-qoʻsh shohi qiyiq, kimda olacha, kimda beqasam toʻn, boshlarida olifta chamanda-gul doʻppi. Barchasining ruhi koʻtarinki, xushchaqchaq, shod...
— Oʻy-xayollariga gʻarq boʻlib oʻtirgan Eshonxonning chehrasi ochilib ketdi:
— Ehe-e, kayflar joyida-ku,— dedi u yigitlarga qarab.

Yigitlar Eshonxon bilan koʻrishishgach, vagonning bir boshiga gʻuj boʻlib oʻtirib oldilar.
— Kayf yomon emas, qittay pivoxoʻrlik qildik,— dedi Eshonxonga yaqin oʻtirgan chapaniroq bir yigit.— Tagʻin qayoqqa ketyapsiz, Eshon aka, qayerga borsak oyogʻimizning tagidan chiqasiz-a?!

Yigitlar gurr etib kulib yuborishdi.
— Ha, xumparlar, hamisha don yegan xoʻrozday qizarib yurasanlar, kayflaring taraq, men shoʻrlik bomdoddan qoq yarim kechagacha yumushdan boʻshamayman,— dedi u koʻzlarini ayyorona oʻynatib.
— Ha, sen chayirsan, ishdan oʻlmaysan, oʻrischaniyam suvday bilasan. Xoʻjayiningning hamyoniga toʻqqiz soʻlkavoy tushsa, bir soʻlkavoy senikiga tushyapti. Nolima, doʻstim,— dedi bir yigit.
— Iya! Shunday degin. Pulni qayerga taxlayapsan, ogʻayni? Moʻndiga joylayapsanmi, bankada asrayapsanmn?— soʻradi yigitlardan yana biri.

Biri u dedi, biri bu dedi, xullas, Eshonxonni xoʻp aylantirishdi.
— Poshsho yumaladi, lekin shunisi taajjubki, boylarning oshigʻi hanuz olchi,— dedi bir yigit jiddiy.
— Hoy padari qusur,— dedi Eshonxon yigitni turtib,—sen hali faqirmisan?! Boʻzchi tiq-tiq etar, koʻnchi pulni suzar. Bozorning puli senda-ku.

Yigitlar yana qah-qah urishdi.
— Yur, joʻra, takyaga boraylik, quling oʻrgilsin qovurma palov qilamiz,— dedi bir yigit, keyin ovozini pasaytirib shivirladi.— Bir nafas oshiq otamiz. Qoʻling baland kelsa—yana moʻndiga joylaysan.

«Yur-yur!» deb qistashdi boshqa yigitlar ham. Eshonxon rozi boʻlmadi.
— Zarur ishim bor, joʻralar, ishim bitsa, orqalaringdan yetib boraman. Uzr.
— Kutamiz, ishingni bajo qilib kelaver!— dedi yana boyagi yigit.

Yigitlar Balandmachitda tushib qolishdi. Eshonxon choʻntagidan papiros olib tutatdi. Shermatga ham tutdi.
— Cheking!

Shermat indamadi, faqat boshini chayqab rad etdi.
— Bu yigitlar hammasi chapani, bizning mahallamizdan. Biri koʻnchi, biri kosib, biri qulupnayfurush, ammo bularning asosiy kasbi qimorbozlik,— deb Shermatga tushuntirib borardi.— Yutsa — boy, yutqazsa— qip-yalangʻoch gadoy-da. Nihoyat shoʻx, yulduzni benarvon uradigan yigitlar.

Shermat oʻz xayollari bilan band, Eshonxonning gaplarini loqayd tinglardi.

Eshonxonning esa bugun kayfi chogʻ, gapni uzgisi kelmasdi. „
— Boy aka yaxshi, bahosi yoʻq odam. Ammo shu kunlari ishchilardan jinday xafa. Rus masterlarning soʻzi bilan bir guruh ishchilar bosh koʻtarib qolishdi. E-e, allaqanday talablar bilan kirishyapti boyning oldiga. Buzoqning yugurgani somonxonagacha, qoʻllaridan nima kelardi deysiz? Agar beboshlik qilaveradigan boʻlishsa, sekin kavushlarini toʻgʻrilaymiz-qoʻyamiz. Ishsizlarning hisobi yoʻq. Bir moʻylov qilsam, bir podani yigʻib olaman. Ogʻa, ogoh boʻling, gap shundoq!

Shermat yerdan koʻz uzmay borardi, zimdan Eshonxonga qaradi:
— Mulla yigit, yoʻl uzoqmi?— soʻradi u.
— Ancha bor, Oʻgʻri koʻchadan oʻtsak, yetdik deyavering.

Tegirmonni bosib oʻtib, yana sal yurilgach, bir-ikki tor koʻchadan aylanib, kichkinagina darvoza oldida toʻxtadilar. Eshonxon darvoza halqasini sekin shiqirlatdi.
— Juda pastqam joy ekan, zogʻ koʻrinmaydi-ya!— dedi Shermat atrofga alanglab.
— Bizga xuddi shunaqasi kerak, aka,— dedi Eshonxon sirli shivirlab.

Shermat Eshonxon nima demoqchi ekanini tushunmagan boʻlsa ham indamadi.

Eshik ohistagina qiya ochildi: ustida pishiq kiyim-bosh, moʻylovi olifta buralgan, qirq besh yoshlar chamasidagi bir kishi paydo boʻldi. U kelganlar bilan koʻrishgach, darvozaning bir tavaqasini keng ochdi:
— Qani, marhamat, kiringlar, koʻringlar,— dedi ichkariga da’vat etib.

Hovlida xotinlar, katta-kichik bolalar koʻp edi: yot kishilarning uzoqdan sharpasini bilgan hamon oʻzlarini oshxonaga olishdi.
— Koʻring, boyga ma’qul boʻlsa, biz tayyor,— dedi hovli egasi asabiyroq tovush bilan.

Eshonxon darrov hovlining toʻrt tomoniga koʻz yugurtirib oldi-da, gapni imorat ustiga taqadi. Toʻrda ikki xona va bir dahliz, keng ayvonli, tunuka tomli yangi imorat edi.

Shermat daraxtlari saralab terilgan, bekami-koʻst bu bogʻ-hovlini ham zavq bilan tomosha qilar, ham bu oilaning boshiga qanday falokat kelgan ekan, deb ichdan achinar, hovlining qoq oʻrtasida koʻm-koʻk daraxtlar ostida mildir-mildir oqib yotgan suv boʻyida nari-beri yurib turar edi.
— Uy yangi, atigi olti yil boʻldi solganimga. Noilojlikdan sotyapman,— dedi uy egasi.

Shu payt oppoq sochli bir keksa ayol oshxonadan boshini chiqarib, hoʻngrab yigʻlab yubordi. U yigʻi aralash oʻgʻlini qargʻar edi:
— Hamma baloni oʻzing boshlading, oʻgʻlimni toʻy qilaman deb, bizni shu kunlarga giriftor qilding. Uch kun osh beribdi-ya! Koʻrpangga qarab oyoq uzatsang boʻlmasmidi, bolam? Toʻrt dahadan kazo-kazolarni chorlading, karnay-surnay, bazm... Bularning oʻzi boʻlarmidi?! Oqsoqol juvonmarg oʻrgatgan senga bu noma’qulchilikni! «Men sendan qolamanmi» degan dandonbozlikning oqibati shu...— yigʻlab-yigʻlab gapirardi kampir.

Oʻz yogʻiga oʻzi qovrilib turgan erkak onasining dakkisidan keyin battar tutaqib ketdi:
— Bas qiling, ona, ishingiz boʻlmasin!

Kampir bir zum jim boʻlib, soʻng yana yigʻlay boshladi, oʻgʻlidan, taqdirdan shikoyat qilardi.

Eshonxon ona-bola oʻrtasida boʻlib oʻtgan mojaroni elamadi. Shermatning esa yuragi tuzday achishib ketdi. Turib-turib: «Har xonadonda bir kulfat...»— deb qoʻydi oʻziga oʻzi.

Eshonxon bemalol aylanib xonalarni, hovlining burchak-burchaklarigacha koʻzdan kechirdi, keyin hovlinnng sathini chamaladi: ikki tanob kelar.
— Qaydam...— dedi u quvgina koʻzlarini qisibroq.— Bogʻ chakki emas, ammo boy otaning juda didi baland-da, imorat yoqarmikan,— dedi goʻyo maslahat tashlaganday Shermatga murojaat qilib. Soʻng uy egasiga qaradi.

Hovli egasi boshini quyi solgan holda asabiy qadamlar bilan u yoqdan-bu yoqqa yurib turardi.
— Imorat juda pishiq,— dedi uy egasi Eshonxonning oldida toʻxtab,— boyga beshak yoqadi. Koʻp kutishga fursat yoʻq, tezroq pullayman-da, Gʻishkoʻprikka, jiyanlarimnikiga koʻchib boraman.
— Erta yo indinga kelaman, xayr,— dedi Eshonxon darvoza tomon yurib.— Narxini ham eshitsak boʻlardi?

Hovli egasi yerdan boshini koʻtarmadi. Eshonxonga qaramay javob qildi:
— Narxiyam joyiga yarasha boʻladi-da. Mahallaning ellikboshisi bor, shu kishi bitiradi ishni...

Eshonxon va Shermat hovli egasi bilan xayrlashgach, tez chiqib ketdilar.
— Kampirga yuragim achishdi, ota-bobomdan qolgan meros, deb yigʻlaydi-ya. Kampirning orqasida turgan kelin boyaqishga ham koʻzim tushdi, qanotsiz qushday behush koʻrindi. Besh-olti yashar bolani koʻrdingizmi, mulla yigit, kiyikday sakrab yuribdi, kelgan balodan bexabar. Ana falakning gardishi!..— dedi Shermat boshini chayqab.
— E-e, ajab gapirasiz, hanuz gumroh ekansiz. Bunday voqealarni men koʻp koʻrganman. Kecha — boy, bugun — boʻynida gadoy toʻrva,— javob berdi Eshonxon, hamon xomush kelayotgan Shermatga qarab, Shermat indamadi.
— Ha aytganday, tagʻin bir gap bor, aka,— dedi Eshonxon Shermatga qarab.— Endi bizga bir kampir kerak boʻladi. Yoshi qirq-elliklarda boʻlsa ham epchil, ozoda, pazanda boʻlsa, tushundingizmi? Yana bir sharti shuki yakka bosh boʻlsin. Churvaqalari boʻlsa, bizga toʻgʻri kelmaydi.

Shermat hayratdan koʻzlarini katta ochib Eshonxonga qaradi.
— Ayol nimaga kerak, tushuntiring-chi? Eshonxon Shermatning soddaligidan kuldi:
— Shuncha yoshga kirgan boʻlsangiz ham, gʻoʻr ekansiz-ku, tavba? Boy aka mehmondoʻst. Koʻngʻillari — toʻralar, boyvachchalar, ehtimolki, ba’zan xufiya bazmni xohlab qoladi... Bu uy ana shunaqa xilvat mehmonxona boʻladi,— shivirladi Eshonxon ayyorona jilmayib.
— Yo ollo!— dedi Shermat yoqasini ushlab.— Hali dunyoda mundoq gaplar ham bor deng?
— Koʻngilning bir koʻchasi-da, aka! Toping, bir keksa ayolni, shirin soʻz, uddaburon, lekin ogʻzi mahkam boʻlsin.

Shermat ikki qoʻlini orqasiga qilib, qovogʻi soliq borardi. U zanginlarning buzuq safosi, iflos kirdikori haqida oʻylardi.

Eshonxon xoʻmraydi, labidagi papirosini olib chetga uloqtirdi:
— Aynidim sizdan, aka, oq-qoraning farqiga bormas ekansiz. Men boʻlsam sizni farosatli yigit deb ergashtirib yuribman-a. Goʻshkuydi somsalarni ilikday laziz, holvaday shirin pishiradigan, ziyraklikda bu iqlimda misli yoʻq, idroki baland bir ayolni topaman oʻzim,— dedi qat’iyat bilan.

Shermat istehzoli kuldi: «Chakki qildim, har qanday falokatni boshimga agʻdarishdan toymaydi bu shum yigit», dedi ichida u.
— Ma’qul,— dedi u Eshonxonga qarab.— Bir ayol bor, ellik besh yoshlarda, pazandalikda olamga dongʻi ketgan, istarasi issiqqina, ozoda, xushmuomala, oʻzi ham yolgʻizgina — soʻqqa bosh. Yuring, xoʻjayin, olib boray, oʻzingiz gaplashing.

Eshonxon Shermatdan xursand boʻlib ketdi:
— Balli, mana endi oʻzingizga keldingiz. Mana bu yigit kishining ishi! Avvalo hovli masalasini bir yoqlik qilaylik, keyin kampirni oʻzingiz boshlab kelarsiz, picha sabr lozim,— dedi u Shermatning yelkasiga qoqib.

Balandmachitga yetganda bular ayrildilar. Eshonxon yangi shaharga, Shermat Xadra tomonga, hovlisiga yoʻl oldi.

Oʻn Toʻrtinchi Bob

I

Zumrad qalin, uzun sochini qunt bilan taragach, peshana va chakkalaridagi jingalaklarini oyna qarshisida oʻtirib tartibga soldi-da, yuvilgan koʻylagini kiyib ayvonga chiqdi. Bugun u juda xursand, chehrasi ochiq edi. Nonushtaga qushday yengil kelib oʻtirdi.

Chol va kampir tirikchilik ikir-chikirlari ustida gʻijillashib oʻtirardilar.
— Bu nimasi, har kun xarxasha, bejanjal kun oʻtmaydimi, uyat-ku axir,— deb ularni bosib qoʻydi Zumrad.
— Bugun chorshanba bozor,— dedi u onasiga.— Eski-joʻvaga boraman-da, jiyaklarni pullayman. Keyin guldor farang chitdan koʻylaklik olaman. Yangi nusxa chiqqan oyi, bilasizmi?

Kampirning ensasi qotgan edi, siltab tashladi:
— Tek oʻtir, bozorga oʻzim boraman. Unaqa yurimsak boʻlma, tentirash qizlarga yarashmaydi. Yigʻib ber menga jiyaklaringni,— dedi kampir yuziga fotiha tortib.
— Oyijon, oʻzim sizdan oʻrgilay!— dedi onasiga yalinib, erkalanib qiz.— Lahzada sotaman-u kelaman, bozor toʻla mendaqa qizlar, nima boʻlibdi men ham borsam? Hayallamay qaytaman. Siz menga kerak chitni bilmaysiz, oʻzim yoqadiganini tanlab olaman.

Momosuluv jahldan tushdi. Qizining bugun xursandligini koʻrib, ona qalbi bir oz yumshagan edi. Eridan boy sovchi yuborganini birinchi daf’a eshitganida, yolgʻiz qizini qoʻsh kundosh ustiga berishdan zahrasi uchib, rozilik bermagan edi. Biroq, dukchining boy haqidagi har kungi gaplari, turmushning tangligidan shikoyatini eshitaverib, qizim koʻhlikkina, koʻzga yaqin, zora boyga soʻzi oʻtadigan erka xotin boʻlsa, deb rozilik bera qolgan edi. Soʻnggi kunlarda xafaqonligi oshgan, ota-ona ra’yiga yurmayotgani uchun qizini koyib qoʻysa ham, koʻndirishga urinib nasihat qilsa ham, bari bir oʻzi xursand emas edi. Uzzukun yolgʻizgina qizimni oʻz qoʻlim bilan qanday jahannamga tashlayman, deb oʻylagani oʻylagan hatto shuni oʻylab, tunlari ham uyqusi qochib ketar edi. Ona qizining kayfiyatidagi oʻzgarishni koʻrib, uning quyoshda choʻmilganday yorugʻ yuziga boqib muloyimlashdi:
— Mayli, bora qol, qizim,— dedi.— Pulning yarmiga turlab ipak ol, qolganini sarflama, chitingni keyin olarsan, rov izingga qayt.
— Xoʻp, oyijon, men darrov borib kelaman,— dedi Zumrad sevinib. Jiyaklarni bir doka roʻmolga tugib qoʻyniga tiqdi-da, eski paranjisini boshiga ilib, koʻchaga yugurdi.

Bahorning rohatbaxsh shabadasi koʻngillarga huzur bagʻishlaydi... Koʻm-koʻk osmon uzra uzoqdagi choʻqqilarda oppoq qor chaqnagan togʻlardan gala-gala oq bulutlar karvoni koʻrkam suzadi.

Zumrad yugura-yugura halloslaganicha lahzada Eskijoʻvaga yetib keldi. Bozorda odam qalin, kampirlar koʻp, qizlar, juvonlar ham oz emas. Jiyak, doʻppi haddan ziyod serob, doʻppilarning nusxasi, xili koʻp. Arzon, dehqonbop satin doʻppilardan tortib, boyvachchalar kiyadigan takdoʻzi, chamandagul, sidirgʻa sipoh doʻppilarga qadar hammasi bor. Gʻuvur-gʻuvur — bozor gʻavgʻosi, sotuvchilar bilan xaridorlar oʻrtasidagi jalloblarning «ha barakalla»si, shovqin quloqni bitirardi.

II

Zumrad jiyaklarini peshinga yaqin pullab boʻldi. Chaqa va tangalarni nimchasining ichki choʻntagiga joylab koʻngli tinchigach, doʻppi bozordan chiqdi. Yuk ortilgan aravalar, eshaklar, qoʻllarini choʻzib turgan tilanchilar, savat-savat non koʻtarib yugurgan bolalar, Mashrab gʻazallarini oʻqib «Yo hu!» deya baqirib ketayotgan qalandarlar toʻla koʻchani oralab borayotgan Zumrad taqqa toʻxtadi. Qizning roʻbaroʻsidan Umarali chiqib qolgan edi. Zumrad oʻzini sekin chetga oldi, yuragi gurs-gurs urib ketgan edi. Zumrad qochishni moʻljallagan edi, ammo uni uzoqdanoq payqab qolgan Umarali yoʻlini toʻsdi.
— Assalom, yaxshimisiz?— soʻrashdi Umarali sekin, oʻziga xos muloyim tovush bilan.

Zumrad uyalibgina bilinar-bilinmas qaddini egib, javob qaytardi.

Umarali ham bu uchrashuvning quvonchidan, hayajonidan qizarib ketgan edi. U ovozini pasaytirib shivirladi:
— Darrov tanidim, bir onda... Uzoqdan paranjingiz koʻzimga oʻtday koʻrindi, yod boʻlib qolgan... Hamisha koʻz oʻngimdasiz...
— Shundaymi?..— dedi Zumrad, uning nozik tabassumi tovushidan bilinardi.— Hazilni yaxshi koʻrasiz...
— Niyat xolis ekan, alhamdulillo, mana uchratdim.
— Qoʻying-e, bunaqa gaplarni...— dedi Zumrad nozli tovush bilan.— Attordan ipak olgani ketayotuvdim...
— Hamroh boʻlay sizga?— jur’atsizgina soʻradi Umarali.

Qiz oldinda, yigit bir qadam orqada borar edi. Attorlikka yetganda Zumrad toʻxtadi.
— Muyulishda kutib turing,— shivirladi u. Umarali kulimsirab, ohista boshini qimirlatdi, qiz imlab koʻrsatgan burchak tomon yurib ketdi.

Zumrad har vaqt ipak xarid qiladigan doʻkoni oldida toʻxtadi. Qarigina, jikkak, muloyim kishiga odob bilan salom bergach:
— Savdolar yaxshimi?— deb soʻradi. Chol ham xushmuomalalik bilan:
— Keling-keling, oy qizim, kampir salomatmilar?— deb quyuq soʻrashdi.— Xizmat?—deya darhol jilolanib turgan rang-barang ipaklarni saralashga kirishdi.
— Ikki soʻmga xillab ipak bering,— dedi Zumrad pulni uzatib.

Chol turli rangdagi kalava-kalava ipaklarni tarozida tortar ekan, bir nafas jagʻi tinmadi. Yo oʻtgan-ketgan, eshitgan gaplarini soʻzlar, yo Zumradga turli savollar yogʻdirar, ezmalanar edi.

Yuragi taka-puka, shoshib turgan Zumrad ipaklarni qoʻliga olgan hamon goʻyo qanot paydo qilganday, Umarali tomon uchdi.

Ikkovlari bozordan chiqib Janggohdan oʻtgach, suv yoqalab ketdilar va kimsasiz tor koʻchaga kirgandan soʻng bir pana joy topib, oʻtirdilar.

Zumrad chachvonini goh qiya ochar, goh yopib gaplashar edi. U chachvoni tagidan yigitga toʻyib-toʻyib qarab olardi. Barvasta qomat, nurli keng peshana, tim qora payvasta qoshlar, hamisha kulimsirab turadigan ma’noli koʻzlar... Oʻziga yarashgan moʻylov... «Afsuski faqir...— koʻnglidan oʻtkazdi Zumrad, yigitning boshidan oyogʻigacha razm solib.— Baxtim faqat shu yigitda!» degan qat’iy qarorga keldi u.

Umarali asta-asta, biroq harorat bilan soʻzlardi:
— Zumradxon, inqilob mash’alday yarqirab keldi vatanimizga... Hurriyat keldi-yu, ammo gʻarib, faqir xalqimiz hanuz gʻurbatda... Burjuylar, kenaslar, toʻqlar jilovni qoʻlga oldi. Turkiston diyorining aholisi yalpisiga omi, shu sabab gʻaflat uyqusida. Boyonlarimiz oʻz hamyonlari gʻamida, ulamolar dinni qalqon qiladilar, ammo chaqa koʻrsalar, oʻzlarini tomdan tashlaydilar. Jadidlar boylarning parvonasi. Avvalo boy bolalari oʻqisin, xalqqa navbat keyin keladi, deydi ular.
— Jadid deganingiz kimlar boʻladi?— soʻradi jiddiylik bilan Zumrad.
— Bu soʻz arabcha, Zumradxon,— javob berdi Umarali.— Aynan ma’nosi — yangi usul demakdir. Yangi usuldagi odamlar jadidlar deyiladi, yangi usuldagi maktablar jadid maktablar deyiladi.
— Hm-m, shundaymi,— dedi oʻylanib Zumrad.— Bir marta eshitgan edim, yangi maktablar ochilar emish, deb rahmatli otin oyimning zahrasi uchgan edi. Gapiring-chi, eshitaylik, qulogʻim sizda.
— Oʻylab tursam, fikr etsam, olamning ishi nihoyat mushkul, deyman. Xayol daryosida oqishni sevaman, oʻylab-oʻylab deymanki, xalq yechadi-da tugunni, shunday fahmlayman. Omma tebransa bir onda togʻni tolqon qiladi. Kuch-da u, nuqul kuch, qudrati zoʻr. Qadimdan taomil shu, omma hal qiladi har bir chigʻillikni. Ziyolilar ommabop yoʻlni tutsalar edi, barcha mushkullar oson boʻlardi. Bizning gʻofil xalqimiz tarbiya, ma’rifat talabgoridir. Xulq-odobimizga tarbiya zoʻr ta’sir etadi, tarbiya ne chogʻlik toʻgʻri va yaxshi boʻlsa, xulq va odobimiz ham shunchalik goʻzal boʻlgʻusi. Ba’zan tatar ziyolilari bilan suhbatda boʻlaman, munozara qilamiz. Maktab va madrasalarning islohoti haqida munoqasha yuritamiz. Oʻylab qarasam, darhaqiqat, madrasa nihoyat chirigan, unda yolgʻiz diniy va sharoit qonunlari, almisoqdan qolgan qoidalar yoʻsinida tahsil olib boriladi. Toshkent, hatto Buxoroyi sharif madrasalarida oʻn besh, yigirma yillab tahsil koʻrgan talabalar boʻladi, goho biri olim chiqib qolmasa, koʻpchiligi nodon qoladi. Mana, sakkiz yildirki madrasada istiqomat qilaman, arabchani mukammal oʻrgandim, ammo boshqa fanlardan, ilmdan mahrumman. Turkiston diyori quyuq zulmatda: nur, ziyo, shu’la yoʻq... Vatanimizning .ahvoliga nazar solsam, oʻpqon va zulmat koʻraman, bir tutam ziyo yoʻqki, koʻngilni ravshan qilsa. Mana, oʻris tilini mutlaq bilmaymiz, ammo ma’rifatimiz, madaniyatimiz uchun bu gʻoyat zoʻr zaruriyat.
— Toʻgʻri aytasie,— uning soʻzini boʻldi Zumrad,— men «kizimka», «marja»dan boshqa soʻz bilmayman. Gapiring, mulla aka, siz gapni uzmasangiz, men faqat eshitsam.

Umarali tabassum qildi.
— Allaqanday gaplar bilan sizni zeriktirdimmi degan andishadaman,— dedi Zumradga chachvon orqali termilib, soʻng tagʻin soʻzlay boshladi. Hayotning goʻyo bir dengiz kabi toʻlqinda turgani, Rossiyadagi inqilob boʻroni, buning mavji sadosi bu yerlarga ham yetganligi, rus ishchilarining talabi, musulmon mehnatkashlari orasida ham turli tashkilotlar, jamiyatlar barpo boʻlayotganligi haqida gapirdi.
— Bu zulmatdan, gʻaflatdan, nodonlikdan qutulmoq uchun ellik yilmi, yuz yilmi kerak boʻlar?— deb soʻragan edi Zumrad, Umarali oʻrnidan turib ketdi. Turkiston oʻlkasi tarixida Ibn Sino, Ulugʻbek, Navoiy kabi chaqnab uchgan yulduzlar haqida harorat bilan soʻzladi Umarali. Lekin bir ravshanlik koʻrgan kun, ilmda, san’atda yarqiragan shonu shavkat xonlar zulmidan tanazzulga uchragani haqida yorqin misollar, oʻtkir ifodalar bilan soʻzladi.
— Hurriyat mavjlari tong shabadasi kabi orombaxshdir. Shoyad baxt va iqbol umidimiz quyoshday chaqnab ketsa,— dedi Umarali.
— Koshki edi...— dedi yengillanib Zumrad.— Biz kabi mazlumalar ham ma’rifatdan bahramand boʻlsa.

Umaralining fikrida, xayollarida shu tobda bir keskin oʻzgarish boʻlganini darrov payqagan edi Zumrad. Yigitning yuzidagi qaygʻu koʻlkasini ichdan uzun bir xoʻrsinganini sezgan edi hassos qiz. Ogʻir sukutga choʻmgan Umaraliga chuqur muhabbat bilan, mehr bilan termildi, uning koʻzlaridagi ma’noni, yuzidagi dard mavjini qiz anglagan edi.
— Hovliga borgan edim,— dedi chuqur xoʻrsinib Umarali,— singlim sizning haqingizda bir mash’um xabarni aytdi, butun vujudim oʻt boʻlib tutab ketdi. Zoʻrgʻa hujramga qaytdim. Kechasi bilan koʻzlarimga uyqu qoʻnmadi...— Umarali quyi solingan boshini koʻtardi, umid va orzulari chil-chil boʻlganday dard bilan boqdi qizga.— Rostmi shu gaplar?..— soʻradi gʻayri tabiiy tovush bilan alamdan ezilgan holda.— Boygami?.. Boʻladimi?..

Zumrad bir ozdan soʻng chachvonini qiya ochdi:
— Ha, bu gaplar rost,— Zumrad chuqur xoʻrsindi.— Puli koʻp boylar quturadi, kambagʻallarning dami ichida...

Umarali oqarib ketdi, a’zoyi badani yonib, borligʻini chaqmoq yoqib oʻtganday boʻldi. Behush, rangsiz lablarini arang qimirlatib, «Hmm», dedi-da, koʻzlarini yerga tikdi.

Zumradning rahmi keldi. Nozik qalbi bilan yana shuni angladiki, yigitning kuyunishi bejiz emas ekan.
— Men «yoʻq» deb oyogʻimni tirab turibman. Oʻlsam ham boyga tegmayman, dedim. Eshonxon boʻzchining mokisidek xudoning bergan kuni qatnagani qatnagan. Kecha, juvonmarg, yana otamga uchrashibdi, boy safarga ketyapti, chetda tashvishli ishi bor, shu ishini bir yoqlik qilsa, toʻy, depti. Siz nima deysiz, mulla aka?.. Nega indamaysiz?—soʻradi Zumrad Umaraliga alam va iztirob bilan tikilib. Umarali yuragidagi ishqini otashin soʻzlar bilan qiz oldiga toʻkdi, keyin dedi:
— Ha, biz kambagʻallarning dardimiz ichimizda. Lekin, inoning Zumradxon, tunu kun xayolim sizda... Ishq devonasiman, kecha-kunduz ishq gʻamini chekaman...

Koʻrdim ul xurshid husnin, ixtiyorim qolmadi,
Soyadek bir yerda turmoqqa qarorim qolmadi.
Bir kun oʻlmaz tal’ating koʻrmak muyassar, oxkim,
Zarracha ul kun yoninda e’tiborim qolmadi.

— Yaxshimi? Goʻzal va chuqur ma’noli nazm...— uzun uh tortib, soʻzdan toʻxtadi Umarali.

Zumrad tabassum bilan javob berdi:
— Mavlono Fuzuliyning gʻazallari dardli dillarga malham. Qani men ham siz kabi hamisha kitob oʻqisam. Peshanam qursin, kun boʻyi sillam qurib igna bilan ipak chatiyman...— dedi qiz ma’yus.— Boshimda shoʻrim koʻp, bilmadim bu falokatdan nechuk qutulaman?

Umarali peshanasini ushlaganicha jim oʻtirardi. U qattiq iztirob chekar, ammo noilojlikdan, nochorlikdan talvasada, sarosimada edi.
— Ishq dardi yomon narsa...— dedi yonib Umarali,— men ishqingiz mubtalosiman. Nahotki baxt qoʻlimdan ketdi!

Umaralining bu soʻzi Zumradning barcha umidlarini koʻkka sovurib yuborganday tuyuldi. Bir zum sukutdan soʻng xoʻrsinib oʻrnidan turdi, «Xayr, mulla aka!..» dedi faqat va tez yurib ketdi. Qizning yuzini yuvib quyilayotgan qaynoq koʻz yoshlarini Umarali koʻrmadi. Ammo «Xayr, mulla aka!..» deganida qizning ovozi alamli titrab ketganini sezdi....

Oʻn Beshinchi Bob

I

Shayxantahurning tor koʻchalaridagi Valixonboyning tashqari hovlisi. Taxta-taxta gulzorlar va saralab oʻtqazilgan daraxtlar aylanasida gʻisht yotqizilgan yoʻlkalar. Hovli atrofida bir-biriga tutash xonalar.

Bir toʻda boylar, ulamolar, jadidlar juma namoziday chiqqach, Valihonboyning keng mehmonxonasiga yigʻilganlar. Mehmonlar turli taomlar, noz-ne’matlar toʻkib tashlangan dasturxon atrofiga gir aylantirilib toʻshalgan duxoba, atlas koʻrpachalarda oʻtirishibdi, orqalarida momiq yostiqlar.

Majlisda ulamolar, islom bayrogʻini koʻtargan shariat peshvolari bisyor edi. Ustlarida etaklari yerga surgaladigan olabayroq toʻnlar, boshlarida qozonday katta sallalar: taralgan quyuq soqollari koʻksilarini qoplagan. Bular gʻurur va kibr bilan gerdayib oʻtirganlariga qaramay, qazi-qartadan tortib qand-qurs, murabboga qadar, hammasini oshaydilar. Boylarning aksariyati yagʻrinli, boʻyni yoʻgʻon, qorindor. Bular ichida faqat Saidikrom non yemay ozgʻin, jikkak, yoʻl-yoʻl chitdan chopon va eski mahsi kiygan, koʻrinishi faqirnamo. U patirdan chimdib, jim oʻtirardi.
— Olsinlar, taqsir, yaxna goʻshtdan tanovul qilsinlar, ilikday lazzatli,— shivirladi yonidagi boy.
— Tashakkur, mumkin boʻlsa choydan uzatsalar, insonda nafs oz, qanoat zoʻr boʻlgani ma’qul,— javob berdi Saidikromboy.

Yon-verida oʻtirganlar piq-piq kulib qoʻydilar. Birisi choy uzatib soʻradi:
— Ne gap oʻtdi, taqsir?
— Boshimda tashvishim koʻp,— choydan hoʻplab, jaivob qildi u,— Valixonboy taklif qildilar, azbaroyi xudo, koʻzim qiymaganidan ishim koʻpligiga qaramay kelishga keldim-u, ketishning ilojini topolmay halakman.

Saidikromboyning rubaroʻsida pixillab ovqat urayotgan semiz bazzoz boshini koʻtardi.
— Boy ota, Shoʻroyi islom majlisi bu axir, hali gap koʻp, islom haqiqatini tinglangiz; sizga, bizga taalluqli pul masalasi bor.
— A, labbay?— bir sapchib tushdi non yemas boy.— Pulmish-a, be, noma’qulchilik bu,— mingʻirladi asabiy tusda.

Boylar bir-birlarini turtishib qoʻydilar.

Toʻrga terilgan toʻrt dahaning e’tiborli ulamolari soʻzlariga jiddiyat va salmoq berib, sahobalar haqida, shariatning asoslari, zakot masalalari, dunyo va oxirat ustida muzokara olib borardilar.
— Ulamo hazratlar, javoblar!—xitob etdi oʻz odaticha yengil tabassum bilan Anvarxon qori.

Majlis ahli sukutga toldi. Mudarrislar yoʻtalishib, boylar kekirishib qoriga qulok, berdilar. Ulamolar, mudarrislar taomlardan qoʻl tortishmadi, ularning taomili shunaqa — yeb oʻtirib, tinglayverishadi. Goho oʻzaro shivirlashib, goho bosh koʻtarib, xoʻmrayib qarab qoʻyadilar.

Qori sekin, vazmin soʻzlashga kirishgai edi, kumushday tovlangan oq banoras toʻn kiygan Sadriddin a’lam toʻsatdan oʻsiq qoshlarini koʻtardi, ular ostida yashiringan koʻzlaridan chaqmoq uchdi. Keyin u tom loqaydlik bilan soʻzlab ketdi. Bir necha boylar, jadidlar bir-birlarini turtishib, ivir-shivir qilishib oldilar. Qizarib soʻzini toʻxtatgan Anvarxonning koʻzlari yerga ogʻdi. Sadriddin a’lam hazratning ovozi baland, nutqi zoʻr: u arab, forsiy soʻzlar, iboralarni qorishtirib salobatli gapirar edi.

U muqaddimani paygʻambar va sahobalardan boshlab, islom tariqatlariga oʻtdi. Soʻng ilm haqida soʻzladi.
— Ilm — yolgʻiz olloga sigʻinish, haqiqat shudir, tushundingizmi, qavm?—deya xitob qildi u majlis ahliga.

Uzoq gapirib tomogʻi qaqrab ketgan a’lam bir boyvachchaning ta’zim bilan tuttan piyolasini qoʻlidan oldi-da, bir yoʻla shimirdi.

Majlis ahli a’lamning nutqini ixlos bilan tinglardi. Goh mudrab, goh quloq osib oʻtirgan Saidahmadxon oʻrnidan turib, mutavozelik bilan a’lam hazratning qoʻlini oʻpdi va pixillab qayta joyiga oʻtirib oldi.

A’lam mamnuniyat bilan jilmaydi:
— Oʻgʻlim, davlatingiz bundan ham ziyoda boʻlsin, ammo shafqatni, kor-xayrni unutmagaysiz.

Saidahmadboy qulluq qilib olgach, madrasalar va «Izoh» jurnali boylar yordamiga muhtoj ekanligini aytdi, ammo soʻzini tezda muxtasar qildi.

Bir-ikki eiyoli shivirlashib, «Boyning ayyorligini qarang, gapi bu-yu, oʻei goʻzal malikalarning quli» deya zimdan piching qilib qoʻydilar. Ayrim ziyolilar va jadidlar noxush sukutda oʻtirardilar.
— Javob hazrat, aqcha masalasi boyonlar zimmasida boʻlgʻusi, bir ilojini qilurmiz,— ogʻir sukutni buzdi Valixonboy.

Ulamolarga jon kirib qoldi, madrasa haqida, moddiy masala xususida toʻyib astoydil eemalikka kirishgan edilar, ziyolilardan biri xomush oʻtirgan Anvarxonga murojaat etdi:
— Shoʻroyi islomning vazifalari yolgʻiz madrasaning moddiy jihati emasdir, oʻzga vazifalar-da bisyor. Qori afandim, soʻzlasinlar, sizni eshitaylik.
— Ketsam boʻlardi, zarur ishlar koʻp, ijozat bergaysiz,— uy sohibiga murojaat qildi Saidikromboy.— A’lam hazratning gaplarini mamnuniyat bilan eshitdik.
— Xasis mehmondan qochar, degan gap bor, uyat boʻladi, oʻtiring, Turkiston oʻlkasida hech kimsaning xazinasi siznikiga teng kelmaydi axir: insof qiling-da,— shivirladi Valixonboy.
— Boʻlmagan gap,— oqarib ketdi Saidikromboy,— ogʻzingizga qarab gapiring-e, faqir bir bandamiz.
— Moshoollo!— oʻz-oʻziga aytganday shivirladi Valixonboy.

Ammo Saidikromboy oʻrnidan turib ketishga jur’at etolmadi. Ichki sarosima bilan lab-lunjini osiltirgan holda oʻtirib qola berdi.

Endi chehrasi xiylagina ochilgan Anvarxon qori yoqimli ohangda shoshmasdan, ravon gapirar edi:
— Kerenskiy janoblari aqli komil, hushyor, xususan huquq bobida yetuk, siyosatga oʻtkir kimsa. Shoyad Turkistonga doir masalalar bilan oʻzlari mashgʻul boʻlurlar va qunt bilan hal qilurlar. Umidimiz zoʻr. Peterburgda, Moskvada, koʻp joylarda, shu jumladan Toshkentda ishchilar, masterovoylar harakati bisyor avjga chiqqan zamondir hozir. Sakkiz soat ish, toʻla huquq, mohiyona janjali va oʻzga koʻp gʻavgʻoni koʻtardilar. Janoblar, oldimizda musulmon fuqarosini, oʻz mehnat ahlimizni tarbiya qilmoq zaruriyati turur. Aks holda rus ishchilari ta’sirida oʻz mehnat ahlimizning ham bebosh boʻlib ketish xavfi yoʻq emas!
— Ofarin! Qori afandi ayni muddaoni aytdilar, shu zamonda ishchilarning fe’li benihoya aynagan. Sakkiz soat emish-a, gʻofillarni qarang, koʻz ochib-yumguncha oʻtadigan shu fursatda ish bitadimi?!—gʻazab toʻlib ketdi Saidahmadboyning koʻzlariga.

Qori turli milliy masalalar ustida toʻxtab, savdo ahli, xususan, Qoʻqon boyonlari va ziyolilari zoʻr faoliyat, ishtiyoq va sur’at bilan ishga tushganliklarini, millat ham istiqbol haqida qaygʻura boshlaganlarini uzoq soʻzladi. Qori Toshkentda ham ulamo hazratlar, boyonlar, ziyolilar ahillik yoʻlidan borib, qavmni axloq, tarbiya, sadoqatga oʻrgatish lozimligini uqtirdi. U soʻzini tugatarkan, yoʻtalib oldi-da, choy xoʻpladi.
— Rasuli ikrom aytganlarki...— deb oyat bilan boshladi soʻzini baland mavqeli mudarrislardan biri. U Qoʻqon bilan xat-xabarlashib turganliklarini, qorining aytganlari ulamoga ham ma’lum ekanligini qayd etib, hammaga diqqat talab bir qarab olgach, gapida davom etdi:—Podshohlar hokimi mutlaq boʻlib kelganlar, bu farzdir. Ba’zi podshohlar zolim, ba’zi podshohlar Horun-ar Rashid kabi odil boʻlurlar. Gavda boshsiz tirik emas, xalq ham podshohsiz yashay olmaydi. Tabarruk avlodlar bor,— ovozini pasaytirdi mudarris.— Olloga sigʻinamiz, shoyad hurmatga sazovor xoqon topilsa, tangrim oʻzi mehribon boʻlgʻay.

Majlis ahli mudarrisni ogʻir sukutda tinglar edi. U quyuq soqollarini siypab jim boʻldi.

Bir necha daqiqani oʻtkazib, tagʻin Anvarxon qori gapirdi. U turli masalalar ustida batafsil, shoshmasdan soʻzladi, nihoyat, aqcha masalasi ustiga keldi. Yaqin kunlarda keng miqssda Shoʻroyi islom qurultoyi boʻlajagini soʻzlab, bunga turli tadbirlar, tayyorgarliklar kerakligini aytdi.

Boylar, goʻyo mum tishlaganday jim oʻtirardilar.

Mudrab oʻtirgan Saidahmadboy koʻzini ochdi.
— Qani, muhtaram boyonlar, gapirsinlar, himmatlari qanday?— soʻradi boylarga bir-bir boqib.
— Janoblar, gapirsinlar!—xitob qildi Valixonboy Saidahmadning soʻzini takrorlab.

Boylar sukut qilardi, faqat bir-birini turtib, imo bilan shivirlashishardi.

Burchakda boshini quyi solganicha jim oʻtirgan Saidikromboyni Valixonboy ohista turtdi. Nima gap, deganday yalt etib majlis ahliga koʻz yugurtirgan non yemasga qarab, sizga ham daxli bor bu gapning, tinglang, degandek jilmaydi Saidahmadxon. Pinakka ketib, soʻnggi gaplarni eshitmay qolgan Saidikromboy bir lahza ogʻzini ochib angrayib qoldi. Soʻng gap nima ustida ketayetganini fahmladi-da, birdan oqarib ketdi. Xasta tovushi bilan sekin gapirdi:
— Janoblar, ahli rastadanman. Kichik bir doʻkoncham bor. Maskov, Peterburg fabrikantlari bilan uncha-muncha aloqa qilib, ish yurgizaman. Savdo yoʻq, desam yolgʻon boʻlmas. Shunday, doʻstlar, bir nav tirikchilik bilan kun kechiraman. Menda hech vaqo yoʻq, iqtidorim yoʻq. Toʻgʻri, zamon ogʻir, zamon qaltis, bandalarini ollo taoloning oʻzi yorlaqasin.

Barcha oʻtirganlar jim qoldi, ammo Valixonboy jahlidan qizarib ketdi:
— Birodar! Oltin-kumush, gavhar-marvaridni sandiqqa xoʻp bosgansiz; nima, davlatingizni u dunyoga orqalab ketmoqchimisiz?! Xasislik ham evi bilan-da, har ish mezoni bilan, kori xayrdan boʻyin tovlashning sharofati yoʻq!

Saidikromboy bir oqardi, bir qizardi, azbaroyi boʻgʻilib ketganidan churq etishga qodir emasdi shu topda. Birdan oʻrnidan irgʻib turdi-da, yonida oʻtirgan Valixonboyga nafrat bilan oʻqraydi, keyin ulamolarga qulluq qilib, dagʻ-dagʻ titraganicha, jagʻi ajragan kavushini oyoqlariga ildi, gʻizillaganicha chiqib ketdi.

Majlis ahli Saidikromboyning bu qiligʻidan ranjigan edi. Hamma bir on jim qolgach, asta-sekin non yemas boyning xasisligidan hikoya qila boshladi. Bu boy oqshomda barcha kelinlarini oʻz oldiga chaqirib, hamma chiroqlarni bitta gugurt bilan yoqib berishi, har kuni uyida yovgʻon moshxoʻrda qaynashi, zaifalar yovgʻon taomdan bezganlaridan tushda palov yoki chuchvara qilib oʻzlari boplab urib oladigan boʻlishganini biri olib-biri qoʻyib rosa gapirishdi.
— Afandilar, janoblar, ishga oʻtaylik!—dedi bugun nechundir kamgap, jim oʻtirgan advokat Abdullaxoʻja.

Majlis ahli jim boʻlgach, yirik gavdali, salobatli bir mudarris soʻz boshladi. Buning ham gapi oyat va paygʻambardan kelib, «Boyonlar yordam qoʻlini choʻzsinlar!» degan da’vat bilan tamom boʻldi.

Boylar jim oʻtirardilar. Oriq va jikkak bir bazzoz uyalibgina ogʻiz ochdi:
— Kori xayr ulugʻ narsa, taqsirlar, roʻyxatga mening nomim yozilsin, oʻn soʻm beraman.

Ziyolilar, jadidlar ohista bir-birlarini turtdilar.
— Oh, Turkiston!— boshini chayqadi ziyolilardan biri.— Zavolli Turkshston! Shafqatsiz oʻgʻlonlaring borki...

Saidahmadboy kibr bilan iljaydi va moʻylovlarini burab oldi.
— Darvoqe, xasis boylarimiz koʻp, ammo saxiylar, insoflilar yoʻq emas, roʻyxatni menga topshirsinlar, harakatda — barakat, oʻzim bir-bir gaplashib, astoydil yigʻaman barcha zanginlardan.

Saidahmadxonning soʻzini yana bir-ikki boylar ma’qullashgach, Sadriddin a’lam mamnuniyat bilan boyga qaradi.
— Janob Saidahmadboy, ertaga huzuringizga roʻyxatni yetkazurmiz. Ollo taolo yorlaqasin...

Jadidlar, ziyolilar sarosimada oʻzaro imo bilai gaplashardilar.

Anvarxon qori kulimsiradi:
— Majlisning kun tartibi tugadi, mehmonlar bemalol soʻzlashib oʻtiraversinlar.

Tashqarida manti, kaboblar koʻpdan tayyor edi. Hidlari xush anqigan bu laziz taomlar darhol dasturxonga tortila boshladi.

Ulamo va boylarning soʻzlariga bazoʻr bardosh berib oʻtirgan shoʻx Jalilxon endi yayrab ketgan edi, yonidagi oʻziga teng yoshlar bilan quyuq suhbatga kirishdi.
— Bu muhorabada Turkiya magʻlubiyatga duch keladi,— deya ohista gapirayotgan edi u, ulamolardan biri etsshtib qoldi, darrov e’tiroz bildirdi:
— Istambul islom poytaxti, xalifa shariatimizning homiysi, oyoq osti qilish yaramaydi, boyvachcha!

Piq etib kulib yuborgan Jalilxonga a’lam bir xoʻmrayib qoʻydi.

Muzokaralar, mulohazalar, tortishuvlar yana davom etdi. Qorinlar toʻyganidan barchaning kayfi chogʻ, ruhi koʻtarinki, suhbat qizgʻin edi.

Sadriddin a’lam ulugʻvor oʻtirardi, ulamolar jamiyati tuzish haqida yonidagi Muhammadmansur bazzoz bilan mingʻir-mingʻir gaplashardi, jadidlardan shikoyat qilardi. Keyin bir necha e’tiborli boylardan ertaga madrasaga boshlab kelishni, xoli bir maslahat borligini aytib iltimos qildi. Bazzoz bir nafas oʻylanib qolgandan soʻng va’da berdi. A’lam yengil tortdi.
— Ulamolar bilan ziyolilarning ahil boʻlmoqlari lozim, jadidlarning orzulari yangi maktab ochishdir, ularga ruxsat bermoq ma’qul boʻlardi,— deya bazzoz a’lamga yotigʻi bilan soʻzlay boshlagan edi, a’lamning qiyofasi, goʻyo bulut bosganday, qorayib ketdi:
— Betamiz kalta dumlarning gapi bu, holbuki, ulardan hazar qilmogʻingiz lozim edi, bu qandoq noma’qulchilik? Shariat koʻrsatmish maktablarini bilurmiz, oʻzgasining darkori yoʻq; din, faqat din yoʻli!

Muhammadmansur esankirab, qizarib ketdi. Oʻrnidan bir qoʻzgʻalib olgach, a’lamga javob berdi:
— Gapingizga aslo shubham yoʻq, taqsir, ammo men Maskovda, Peterburgda koʻp boʻldim, oʻzimning savodsizligimdan hamisha pushaymon qilaman. Turkiya, Arabiston kabi islom mamlakatlarida ham oliy maktablar bormish, bizning bolalarimiz ham savodli boʻlmoqlarini, ilmi hisob kitobini bilmoqlarini orzu qilaman.
— Saboq madrasaga kelganingizda maktab masalasini bafurja muzokara qilgumizdir,— gapni kesdi a’lam.

Boy qulluq qilib, albatta madrasaga borajagini tagʻin bir marta va’da qildi. Majlisda suhbat turli mavzularda davom etardi.

...Namozgar yaqinlashgan. Palovni toʻyib yeyilgandan soʻng Sadriddin a’lam qoʻllarini baland koʻtarib uzoq fotiha oʻqidi. Mehmonlar ketma-ket kekirishib a’lam boshliq hovliga chiqib qoʻl chaydilar va bir-bir bosib, ogʻir qadamlar bilan Shayxantahurga, namozga yoʻl oldilar.

Oʻn Oltinchi Bob

I

«Osmon kabi katta palakni xilma-xil ipak bilan turlab uch oyda tikib tugatarmikanman!— deya oʻylardi Zumrad. Keyin ishpechini titkilab allaqanday rangdagi bir ipakni topdi.— Uch palak tikdim, bu toʻrtinchisi. Hammasi boylarning erkalariga, oʻzimga qani, bittagina kirpech ham yoʻq... Doʻppi tikish yengil-a, hay-hay palakning mashaqqati... Chamanday tovlatish uchun yuragimning butun quvvatini, koʻzlarimning butun nurini toʻkishim kerak-a. Palak olamning gardishi, deydi odamlar,— derdi yana Zumrad oʻz-oʻziga. Uzundan-uzun ipak qatimlarini qulochlab torta-torta, chidam va bardosh bilan uzoq oʻtirdi u.

—Shu palakdan qoʻlimga tushgan aqchaga bir xonatlas olay-ki, kiyganimda, gulday yashnab ketay, otamgayam, onamgayam tutqazmayman, albatta atlas olaman».

Dard va alam yutib mehnat qilgan bu qizni shunday orzu-havaslar bir zum ovuntirar, kunlari, oylari shunday oʻtar edi...

Xushhavo savr oyi. Quyoshga choʻmilgan gilam-gilam qizgʻaldoqlar... Daraxtlar nafis barglarga burkangan, shamol mayin, yoqimli... Jarda, anhorni toʻlatib oqqan suv yoʻlida, quyuq daraxtlar soyasida yastangan tegirmonning gurlashi ham bahor nash’asiga yana bir goʻzallik qoʻshganday...

Hovli oʻrtasidagi bir tup qarigina, bukchaygan, gavdasi qovjiragan katta balx tutning gʻarq pishgan vaqti. Zumradning onasi har yildagi kabi ertaga bu tutdan ozgina shinni qaynatishni moʻljallab qoʻygan.

Zumrad ninani palakka toʻgʻnadi-da, oʻrnidan turdi, tizzalarini uqaladi va supurilgan, chinniday hovliga gilamday toʻkylgan tutlarni tera boshladi.

Ayvonda, supa ustida kuymalanib oʻtirgan ona qalin-qalin yasalgan zogʻora nonlarni savatga gerdi-da, oyogʻiga yirtiq kavushini ilib, tandir boshiga yugurdi.

Shu topda toʻsatdan eshik girch etib ochildi, avval boshini suqib, keyin oʻzi paydo boʻlgan bir begona xotin shoshilib boshidan paranjisini oldi. Yuzlari sepkil, koʻzlari gʻilayroq, oriqqina xotin tortinibgina qarshi borgan Zumradni bagʻriga bosib koʻrishdi. Qizning boshidan oyogʻigacha diqqat bilan kuzatar, undan koʻzlarini uzolmas edi. Zumrad qizarib ketdi, lekin darrov uning qoʻlidan paranjisini olib, oʻtirishga taklif etdi.

Uf-f, issigʻ-ey kun, yonib ketdim,— dedi xotin oʻtirgan hamon kir dastroʻmol bilan yelpinib.— Yuring hozir, singilginam, otlana qoling jadalgina,— dedi xotin keskin buyruq bilan.— Manzuraoy yubordi meni, oʻrtogʻi Zuhraxon Beshyogʻochda bir kichik ziyofat beryapti, farishtaday-farishtaday qizlarning sarasi yigʻilib oʻtirishibdi, siz boʻlmaganga Manzuraoyginaning koʻngli toʻlmayapti. Hayallamay oldingizga solib keling, dedi Manzuraxon. Hovlida biron erkak oti qolmagan, hammasi ishda... Bazmki, dutoru tanbur avjida!— Gʻilay koʻzlarini ayyorona qisib qoʻydi xotin.

Borsammi, yoʻqmi, deb yerga qaragan holda, ichdan allaqanday bir qarshilik bilan olishganday, oʻylavib, ikkilanib qoldi Zumrad.
— Qaydam, ishim koʻp edi,— dedi boshini koʻtarmasdan.
— Bo, ish qurib ketsin, rangingizni somon qilib yuboradi-ya buvaqa ishlar. Qani, yura qoling, oy qiz,— qistadi xotin.

Momosuluv begona xotinning shangʻillashini eshitdi shekilli, ichkaridan shosha-pisha yugurib chiqdi. Aylanib, oʻrgilib koʻrisha-soʻrasha ketdi.
— Oʻzing ham qon boʻlib ketding, qizim, bora qol, otlan tezgina,— dedi qizini shoshirib ona.— Manzuraxon chaqiribdimi, yoʻq dema, qalin oʻrtogʻing-a, xafa boʻladi, tezroq kiyina qol, shohi koʻylaging bor-ku, oʻzingga juda yarashadi.
— Voy, oʻlsin, eskirgan-ku,— dedi qiz yuzini teskari burib, keyin xomush holda asta yurib xonaga kirib ketdi.
— Aylanay egachi, boyning uyida choʻriman, taqdir shu ekan,— vaysay boshladi xotin.

Qarshida choʻqqaygan kampir bir soʻz qotolmas, xotinning labi labiga tegmas, javrar edi, namatda turgan choynakni kampirdan soʻrab oʻtirmadi, boshiga koʻtardi-da, sovuq choyni birdan shimirdi.
— Qizginangiz omon boʻlsin, judayam koʻhlik ekan, qomatlariga qarab toʻymaydi odam. Ajab emas tolei yarqirab ketsa...
— Aytganingiz kelsin, oʻrgilay, qizimning husniyam, aqliyam yomon emas, lekin jinday oʻjarligi bor. Sovchilar eshigimizning turmini buzyapti, baland martabali, e’tiborli, katta-katta boylardan odam kelyapti, hammasiga qiz qurmagʻur «yoʻq» deydi.

Bir lahza oʻylanib turdida, xotin qoshlari bilan sirli imo qildi:
— Oxir zamonning qizlari-da, yomon mahmadona boʻlib ketyapti hammasi. Ehtiyot boʻling-a, oʻz xohishiga qoʻyib qoʻymang, tagʻin beboshlik qilib bitta-yarimta sayoq bilan topishib ketmasin, oʻrgilay, dogʻda qolasiz-a! Aldab-suldab, yoshmi, qarimi, bir boyginaga bering. Oshiq boʻldim qizingizga, parizodday husni bor ekan, baxtli boʻlsin,

Shu asnoda xonadan yashnab Zumrad chnqib keldi. Sochlari chakkalariga buyralangan, boshida loladay yongan tovar durra, shohi koʻylak ustidan sirib tugmalangan beqasam nimchasi chiroyli qabargan koʻkraklarini yashirolmagan, oyoqlarida ayab ahyon-ahyonda kiyadigan buyurtma amirkon mahsi-kavushi.

Xotin termilib, bir lahza hayratda qotib qoldi, keyin koʻzlarini ayyorona oʻynatib:
— Voy egachijon, qizingizni bir koʻrgan odam ishq oʻtida kuyadi-qoladi, yomon koʻzdan saqlasin egam. Qoʻrqmang, mening koʻzlarim yomon emas, tuf-tuf-tuf...— Gʻilay koʻzlarini ikki yoniga shigʻraytirib tupuk sachratib qayta-qayta tupurdi-da, shoshilib paranjisini boshiga ildi xotin.

«Koʻzing qursin», dedi kampir ichida. Qargʻab, ensasi qotgan holda tandir boshiga yurdi. Eskigina paranjisini boshiga yopinib, Zumrad onasiga oʻgirildi.
— Bilmadim, oyijon, qachon qaytaman, kechiksam tashvishlanmang.
— Bekalarga quyuq salom berib koʻrish, bolam, odobli, sipo boʻlib oʻtir, shaqir-shuqur qilaverma,— tayinladi onasi qayta-qayta.
— Munchayam ezmasiz-ey, oʻzim bilaman hammasini,— eshikni shaq etib yopib, xotinning orqasidan chiqib ketdi qiz.

Suv ustiga ikki yogʻoch tashlab, shox solingan, tuproq bostirilgan lopillama ingichka koʻprikdan oʻtib, ular Xadra tomon burildilar. Zumrad birdan toʻxtadi-da, xotinga shivirladi:
— Mumkin boʻlsa, jinday sabr qilsangiz, huv ana, jinkoʻchani koʻrdingizmi, shunda bir oʻrtogʻim bor, ola ketsak.

Zumradning bu gapi xotinga sira yoqmasa-da, ovoziga soxta ohang berib, javob qildi:
— Jonim bilan xoʻp derdimu, jon singlim. Manzuraoy, darrov Zumradxonning oʻzini olib keling, bema’nilik qilib notanish qizlarniyam ergashtira kelmang, deb tayinlagan edilar. Yana koʻngillari xira boʻlmasin. Yuring, aylanay, judayam hayallab qoldik, Zuhraxon ham xafa boʻlmasin.

Zumrad ranjidi.
— Manzuraga nima boʻldi, jin urdimi!—oʻrnidan qoʻzgʻalmadi Zumrad, bir oz oʻylanib turgandan keyin tagʻin dedi:—Manzuraxonga oʻzim javob beraman,— birpas toʻxtang, hozir olib chiqaman, aqlli-hushli, yaxshi qiz.

Zumrad qayrilib endi ikki qadam tashlagan edi, xotin uning yoʻlini toʻsdi, yana e’tiroz qilishga kirishdi.
— Qoʻying, doʻndiqcham. Zuhraoydan javob olib, oʻzim qaytaman-da, gʻirillab olib boraman, gapimni qaytarmang, tasadduq.

Zumrad xunob boʻlganidan churq etmadi, yursammi, yurmasammi, deganday asta qadamlab, xotinga ergashib ketdi. Bir oz yurgandan soʻng Olmazorga burildilar. Mahkama oldidan oʻtar ekanlar, Zumrad bir oz toʻxtadi:
— Machalop oʻlgur oʻtirardi kerilib, juvonmargning qamchisidan qon tomardi-ya. Olamning ishi shunday, xola, oq poshsho quladi-yu, hammasi bir boʻlib suvga choʻkdi-ketdi.
— Ha-ya,— dedi xotin qadamini tezlatib.

Zumrad esa oʻtgan voqealarni xotirlab ketmoqda edi. Ishchilar va kosiblarning isyonini, xotinlarning dodi faryodini, kampir xolasi «Dod!» deb yigʻlab, olomon oldiga tushib yugurganini, politsiyachilar xotinlarni yanchib, urib haydaganini, xolasining oʻlishiga sal qolganini hikoya qilib borar edi qiz.

Sharqirab oqib turgan bir suvdan oʻtdilar-da, daraxtlarga koʻmilgan, salqin, tinch, kichik koʻchaga qayrilib, katta bir darvoza oldida toʻxtadilar.
— Yaxshi imorat-a, qutichaday pishiqqina,— gʻilay koʻzlari bilan uyga ishora qildi xotin va temirday mustahkam eshikni asta qoqdi.— Charchadingizmi, oppogʻim, picha dam oling, men hozir Zuhraoyning tagʻin bir oʻrtogʻini chaqirib kelaman.

Shu topda kalnamo, koʻzlari besaranjom, beoʻxshov bir koʻsa chol eshikni asta ochdi.

Shundaygina gulga va daraxtlarga toʻla koʻrkam hovliga kirdilar. Qirq besh yoshlardagi bir xotin oshxonadan chiqib bularni qarshi oldi. Oppoq, ozoda kiyingan, chaqqon, rangpargina bu kampir yugurganicha kelib, quyuq koʻrishdi. Qizni boshlab kelgan xotin kampirga nimalardir deb shivirladi-da, keyin Zumradga qaradi, soxta iljaydi:
— Marhamat, mehmonxonaga kirib turing, aylanay, men hozir kelaman, hozir.

Kampir Zumradni boshlab keng mehmonxonaga olib kirdi. Uyum-uyum qalashgan asil jihozlar, qip-qizil yashnagan gilamlar, atlas koʻrpachalar, burchaklarda odam boʻyi xitoy koʻralar. Toʻrdagi keng sim karavotda qalin koʻrpalar ustiga momiq yostiqlar tashlangan... Zumradning koʻzlari qamashib ketdi, hayratdan bir zum qotib qoldi «Tushimmi, oʻngimmi?»—shivirladi oʻz-oʻziga, toʻrt tomonga alanglab.
— Oʻzimizga toʻqmiz, tasadduq, bolalarim hammasi doʻkondor, baland zavqli yigitlar,— dedi muloyim tabassum qilib kampir.

Ikkovlari gangir-gungur gaplashib oʻtirishdi. Zumrad qiziqib hali uni, hali buni soʻradi. Bir ongina koʻnglida paydo boʻlgan allanechuk gumon, gʻashlik tez oʻtib ketdi: odatdagi shoʻxligi, sarbastligi bilan erkin soʻzlashib oʻtirardi.

Qizni osongina keltirib, mehmonxonaga kiritib yuborgan xotin lip etib, hovlining chetidagi bir xonaga kirdi.
— Uh, oʻldim-ey,— dedi poygakroqqa oʻtirib.— Ishning oʻngidan kelgani shunday boʻladi, toʻram!

Eshonxon oʻzida yoʻq xursand, uyning u burchidan-bu burchiga yurar va tinmay papiros soʻrar, iblis makkorligi bilan boshlab yuborgan fojianing davomi uchun rejalar toʻqish bilan xayoli band edi.
— Farhodni aldagan yalmogʻiz kampirni topib kelsangiz ham bajara olmas edi shu ishni. Ming bir quvlik bilan aldadim-avradim, axir olib keldim-da,— boʻgʻiq tovush bilan qix-qix kuldi xotin.
— Derazadan moʻralab koʻrdim, durust, shaytonga saboq berishga yaraysan.— Papiros tutunidan boʻgʻilib yoʻtaldi Eshonxon.

Tishqolidan qoraygan yakkam-dukkam tishlarini tirjaytirib, xir-xir kuldi yana xotin.
— Ayyorlikda uchchiga chiqqanman, deb maqtansam yolgʻon emas. Ayniqsa shu shahri azimning dongdor boyonlariga judayam manzur mening ishim, oʻrgilay. Dukchining hovlisiga toʻgʻri kirib bordim, Manzuraoy chaqiryapti, darrov yuring, aylanay-oʻrgilay, deb avradim, birpasda onasining bagʻridan xamirdan qil sugʻurganday sugʻurdim chiqdim. Bora-borgunimcha «Zumrad, Zumrad» deb otini yodlab bordim. Naq siz oʻrgatganday, Manzuraoy aytib yubordi, deb shundogʻam ishontirdimki, shilq etib oldimga tushib kelaverdi qizgina. Mana, tilla qafasga soldim-berdim. Hammayam eplayolmaydi mundaqa ishni. Ayyorlikni mendan oʻrgansin manaman degani ham.

Eshonxon ketma-ket papiros tutatar, hayajondan hanuz oʻzini bosa olmas edi.
— Qani, pulni choʻzing, va’dangiz katta edi toʻram,— dedi gʻilay xotin.keskin tovush bilan.

Eshonxon parvosizgina, oʻz xayollari bilan band holda, deraza oldida uzoq turdi, lablariga qistirgan papirosni bir-ikki qattiq-qattiq soʻrdi-da, ochiq derazadan hovliga irgʻitib yubordi. Nayrangning davomi — qizni tagʻin qanday aldash kerakligi, turli yoʻl-yoʻriqlar izlagan fikrlari tinmay ketma-ket chulgʻanar edi.
— Hoy, bu yoqqa qarang, pulni choʻzing deyapman, arpani xom oʻrganmisiz, nima muncha xayol?— boʻgʻildi xotin jahldan burnini qiyshaytirib.
— E, baqirma, sekinroq, gʻilay!— dedi siltab birdan oʻziga kelgan Eshonxon.— Boy aka shu yerda-ya, javrama koʻp.
— Pulni chiqaring, tezroq daf boʻla qolay,— qistadi xotin.— Qand-qurs beraman, degan va’dangiz ham bor, unutmagaysiz, moyli patir hay... Qani, boʻla qoling.

Eshonxonning ensasi qotgan edi, juda sekin, shoshilmasdan kissasidan hamyonini chiqardi-da, uch soʻm sugʻurdi.
— Ma,—dedi xotinga pulni uzatib, keyin hamyonini qaytib kissasiga tiqdi, javondan ikki qattiq patirni olib, xotinning oldiga taq etib tashladi.
— Shumi va’da, imonsiz?! Ishim bitdi, eshagim loydan oʻtdi, deng! Yoʻq, chuchvarani xom sanabsiz, par-r-r etib uchirib yuborsam ovingizni, nima deysiz?! Popukday qizni issiq uyasidan sugʻurib olib keldim, husni olamda yoʻq, shuning narxi uch soʻmmi? Noinsof! Tilla bilan teng tortib olsa arziydi-ya!

Eshonxon ayyorona iljaydi, xotinning orqasini silab, bir-ikki yengil urib qoʻydi.
— Hali sendan umidimiz katta, koʻzlab qoʻygan yaxshi-yaxshi jonon qielar, juvonlar bor, boyning xizmatida boʻl,— deya xushomad qildi. Hamyonini ochib:—Mana, ol tagʻin!— deya bir soʻm pul uloqtirdi. Javondan bir siqim qand-qurs olib, xotinning hovuchiga toʻkdi.

Xotin yengillashib duo qildi.
— Oʻn soʻm berarsiz, deb orzu qilgan edim, mayli. Har bir boylar borki, sharaq-sharaq pul tutqazadi, uka. Ishingiz boʻlsa hamisha tayyorman,— dedi va eshik tomon yurdi. Ostonada bir zum toʻxtadi-da, ayyorona kulgi bilan:—Chaqqonlikda, makkorlikda mendan oʻtadigani yoʻq, xoʻp deng, opasi jonidan,— dedi gʻilay koʻelarini qisib.

Paranjisini boshiga qiyshiq ilib, Eshonxonni yana qayta-qayta duo qildi-da, tovushsiz, mushuk qadamlar bilan darvozaga yugurdi.

Eshonxon vaqti xush holda, ikkinchi xonani bosib, uchinchi xonaga kirdi.
— Mumkinmi, boy aka?— soʻradi ostonada toʻxtab. Par yostiqqa yonboshlagancha qimiz ichib, vaqti chogʻ oʻtirar edi Saidahmadboy.
— Kel, kel, qani, nima boʻldi? Soʻzla, gʻivir-shivir qulogʻimga chalindi.

Eshonxon magʻrurona taltayib, koʻrpachaning chetiga oʻtirdi.
— Zumrad qoʻlda, taqsir!
— A?— dedi boy oʻrnidan qoʻzgʻalib, keyin qaddini rostladi, chordana qurib oʻtirib oldi.— Zumrad deganda aqlimni yoʻqotaman, qomati koʻrganni devona qiladi. Ayniqsa oʻyini, ah-ah...— boshini chayqadi boy.— Attorning uyida koʻrganman, raqsi bemisl, esingdami?
— Zumradning hanuz hech gapdan xabari yoʻq. Oqsochga topshirdim, zeri-zabarini tushuntirdim. Oqsoch har baloni eplaydi, xumpar, nayrangdan shaytonga dars beradi.

Boy yangi surma duxoba doʻppini boshidan olib koʻrpachaga qoʻydi. Behad xursand, nimanidir oʻylar, sukutda edi. Chirpitdagi qimizni tizzasiga qoʻyib, bir-ikki chayqadi-da, kosani toʻlatib shimirdi. Meshday shishgan qornini silab yana bir oz jim oʻtirdi.
— Oʻzing top yoʻlini, sohibi tadbirsan, farangsan, bu taqlid ishlarda oʻzingga teng keladigan kimsa yoʻq, mulla.— Birpas oʻylanib qoldi boy, keyin kulgidan ogʻzini yigʻolmay gapirdi:—Assalomu alaykum, deb toʻsatdan qizning oldiga kirib borsam-chi?

Eshonxon qutichadan papiros olib, barmoqlarida eza boshladi, bilimdonlik turi bilan bir oz sukut etgandan soʻng, sekin gapirdi:
— Qiz juda asov, andak sabr, ehtiyotlik lozim. Aldab-suldab taqimingizga oling, yoʻqsa, ish pachava. Avvalo, oqsoch.qand-qurs, yogʻliq patir, quling oʻrgilsin gʻarchcha dumbali somsalarni toʻkib tashlaydi dasturxonga. Oʻgʻillarim hammasi doʻkondor, roʻzgʻorimiz hamisha shunday olqib-chalqib turadi desin. Keyin ermak uchun oʻzim kabob tayyorlayman, ozgina yogʻliq manti. Keyin quling oʻrgilsin musallas. Yertoʻlada bor-ku, asil, keksa musallas. Boy aka, ikki soatlardan keyin qizning kayfi taraq boʻladi, shunda kirsangiz ish joyida-da...— Eshonxon ayyorona tirjaydi:—Baxtingiz baland keldi, boy aka, kam. fursatda gul kabi chirmashib ketasiz Zumradxonga!

Saidahmadboy jilmayib qoʻydi, qimizni kosaga toʻlatib, dedi:
— Gapingning ma’nosi bor, davosi musallas. Koʻp xotinlar bilan boʻldim, koʻp aysh-ishrat surdim. Bu ishda eng a’lo davo musallas. Oqsochga tushuntir, ikkovimiz birga ichaylik, desin, avrasin qizni. Avvalo kampir oʻzi boshlab ichsin,— tayinladi Saidahmad.

Eshonxon odob bilan oʻrnidan turdi, sekin yurib hovliga chiqdi. Ayvon ustuniga suyanib, allanechuk xayol bilan ogʻir sukutda oʻtirgan kalga sirli tovush bilan shivirladi:
— Oqsochni chaqir, tez!

Eshonxon birinchi xonaga kirdi, birdan koʻnglida allaqanday his toʻlqinlanib ketdi. Negadir unda bir tashvish roʻy berdi. Xonada u yoq-bu yoqqa aylanib yurdi. «Boyning qiliqlari qursin, malayligimdan popukday bir qizni shu falokatga solganim yaxshimi, axir? Vijdon, nomus qilcha ham yoʻqmi menda?» dedi oʻz-oʻzicha. Ammo undagi afsuslanish, koʻnglida faqat bir ziyo kabi yondi-yu, oʻchdi. U darrov tagʻin avvalgi shaytonlik bandiga tushib oldi...

Zumrad dilgir, parishon oʻtirardi. Shiftning ganch sharafalarini, devorlarning naqshini tomosha qildi, koʻralar va ipak gilamlarni bir-bir koʻzdan kechirib, ajablandi. Oʻyladi ichida: «Boylar hayoti shavkatli, dabdabali, kambagʻal shoʻrlik xoru zor, bir parcha non gadosi. Boylar xudoning suygan bandasi, biz nima gunoh qilgan ekanmiz?» Uksinib, ichdan xoʻrsindi qiz, asta oʻrnidan turdi, yengil qadamlar bilan tashqariga chiqdi. Hovlining ola-chalpoq soya sahniga tushdi. Chamanday gulzor quyoshda koʻr-kam tovlanardi. Gurkirab oʻsgan sadarayhonlar, qashqar gullar, gultojixoʻroz, xina... bir talay gullar... Biri biridan goʻzal, biri biridan xushboʻy.

Zumrad koʻtarinki ruh bilan gulzorni bir aylanib chiqdi. «Munchayam latif manzil ekan», deb oʻyladi. Hamma yoq boʻm-boʻsh, churq etgan ovoz yoʻq: jimjitlikdan, xilvatdan yuragi choʻchib ketdi, koʻngli gʻash tortdi. «Hozir kelaman», dedi-yu, tashladi-ketdi gʻilay oʻlgur, bir sir boʻlmasin tagʻin, deya shubhalandi-yu, bir daqiqa oʻtmay kulib yubordi. «Yuragim qursin, qoʻrqoq emasdim-ku». Zumrad bir-bir bosib daraxtlar orqasiga kirdi. Endi rang ola boshlagan gʻuj-gʻuj giloslar koʻzni tortardi. Oʻriklar ham quyilib turibdi. Dumbul oʻriklarga havasi keldi. Ingichka bir novdani egib, bir hovuch oʻrikni sidirdi. Dumbul oʻrikni yaxshi koʻrardi, karsillatib chaynadi. Olmalar tagida bir zum toʻxtadi. Hammasi kuzgi ekan. Qoʻshoq-qoʻshoq olma qalashgan... Voy tavba, bodom ham bor ekan!

Zumrad sekin yurib, hovlining chetiga chiqdi. Endi u oshxona tomon burilgan edi, fir yigitning sharpasini sezib qoldi-da, seskanib orqaga tislandi. Kim boʻldi u? Chiroylikkina yigit ekan... Qiz atrofga alanglab, derazalardan xonalarga qarab-qarab, mehmonxonaga qaytib kirdi.

Xonada yoyilgan dasturxon yonib-yashnab turardi. Anvoyi nozi ne’matlar toʻkin. Choʻpchakka oʻxshaydi-ya! U bir zum dasturxonga tikilib, keyin koʻrpachaga, dasturxondan uzoqroq oʻtirdi.

Oshxona tomondan burqirab somsa hidi keldi. Yenglari shimarigʻlik, doka roʻmolning bir uchini sallachaday oʻrab orqaga tashlagan holda, qoʻlida jazillama qaynoq somsa uyilgan laganni koʻtarib oqsoch kirdi.
— Yaqinroq oʻtiring, jonim, men xilma-xil taomlarni pishirib turishni yaxshi koʻraman. Issiqqina somsa, oling, ochiqib qoldingiz.— Lagandan olib dasta-dasta somsalarni qizning oldiga qoʻydi kampir.— Oling, yeya qoling, sovimasin, oʻrgilay, issigʻida mazalik,— qayta-qayta qistadi qizni, keyin oshxonaga yugurdi.

Eshonxon chaqqonlik bilan sixlarga kabob terardi.
— Hoy kal, choʻgʻni sol koʻraga, qani ildam!— buyurdi cholni shoshirib.
— Goʻshti, xamiri tayyor, mantini oʻzingiz tugib yuboring, inim, chaqqonsiz, har ishga qoʻlingiz kelisha qoladi. Men qizning oldiga bormasam boʻlmaydi, Musallas qani?—soʻradi kampir Eshonxondan.

Eshonxon indamadi, lip etib ildam oʻrnidan turdi-da, yertoʻlaga tushib ketdi. Dam oʻtmay katta bir gardin choynakni musallasga toʻlatib biqingancha oshxonaga qaytdi. Oʻzi ham ozgina yutib olganidan, tomogʻini qoqib: «Bay-bay, oʻtkirligi-ey, devni ham qulatadi bu obi hayot!..» deb shpvirladi va oqsochning qoʻliga tutqazib, qayta-qayta tayinladi:
— Somsaga qoʻshib ichkizavering, hozir kabob tayyor boʻladi. Oldida oʻtiring, avvalo oʻzingiz bir kosani koʻtaring, oʻlmaysiz, kayfi yaxshi.
— Zormanda!— hiringladi kampir va choynakni ikki qul bilan koʻtarib, mehmonxonaga yugurdi.

Qiz qoʻlida somsa, kichik-kichik tishlab, yeb oʻtirar edya.
— Ovqatga aslo mazangiz yoʻq ekan, poshsha qiz, chimxoʻr ekansiz. Koʻrdingki osh, koʻtarma bosh, deganlar qadimgilar. Ovqatdan tortinmang sira. Oling, oʻrgilay, lazzatli somsa.— Choynakdan piyolalarga musallas quyib, bir piyolasini Zumradga uzatdi.— Iching, tasadduq, uzumning suvi, ishtaha ochadi.— Bir piyolani qoʻliga oldi.— Qani, jonim, birga ichamiz, menga tabib buyurgan, shu bilan odamman.

Qiz tortinibgina piyolani qoʻliga olar ekan, hididan choʻchib ketdi.
— Musallasmi, opogʻoyi, hidi oʻtkir?
— Yoʻgʻ-e, musallas boʻlganicha yoʻq hali, uzumning suvi, aylanay, birakayiga koʻtarib yuboring, hidi bilinmaydi.
— Yoʻq, men icholmayman, rahmat, hidi qursin, ichib koʻrmaganman. Menga qaramang, oʻzingiz ichavering, opogʻoyijon!— Piyolani qaytib dasturxonga qoʻydi Zumrad.

Oqsoch tagʻin surbetlik bilan qistay boshladi qizni.
— Xafa boʻlmang, oy qiz, kattalarning aytganini qiling, koʻnglimni ogʻritmang,— yalindi kampir qizga tikilib.

Zumrad qoʻrqibgina piyolani olib ichishga tirishdi, birpas toʻxtab qoldi, keyin birdaniga koʻtarib yubordi, Uxchib, qizarib ketdi.
— Iching, jonim, qani, birga ichamiz,— deb kampir ham yuzini burishtirgan holda, koʻzlarivi chirt yumib, piyolani boshiga koʻtardi.

Qip-qizil qizargan oqsoch somsani hali u lunji, hali bu lunjiga olib chaynardi.
— Oling, somsadan yeng, yana bittadan ichamiz. Men faqat shu bilan ovqat yeyman, badanni pok qiladi, qizim!

Zumrad bir piyola maydan lov etib qizargan edi. Ishtaha bilan ketma-ket bir-ikkita somsa yedi.

Kampir piyolalarni yana limmo-lim toʻlatdi. Qizni chalgʻitishga tirishib, kulgili oldi-qochdilarni gapirib oʻtirdi.

Zumradning ruhi koʻtarinki, kayfi oshgan. Mahallada anhorday katta bir tegirmon suv oqishini, mahallasidagi ikir-chikir kulgili gʻiybatlarni ustalik bilan, turli yorqin iboralar bilan soʻzlay boshladi. Koʻnglidagi sirli, maxfiy, ishqiy havasdan goho bir shingil aytib yuborgisi kelar va yengil oq bulutga oʻraganday qalbining ezgu hislarini bir-ikki qisqa soʻzlar bilan aytib qoʻyar edi.
— Ishq degan narsa juda sirli narsa, birovga koʻngil berish yaxshi, lekin sevganing boy boʻlsa, kiyganing shohi-atlas, yeganing bolu moy boʻlsa. Zumradxon, peshanangizga shunaqasi bitilgan, mening koʻnglim darrov payqadi.

Qiz jilmaydi.
— Qaydam, tole yor boʻlsa... Boy boʻlmasa ham, aqli hushi raso, koʻnglimga xush boʻlsa bas...— dedi koʻzlarini yashirib.

Kayfi taraq oqsoch piyolaning birini oʻzi olib, ikkinchisini qizga uzatdi.
— Kayfi yaxshi, iching, otincha!

Zumrad piyolani oldi, qaytib yerga qoʻydi, tagʻin koʻtardi, ichkisi kelardi.
— Bir marta dalada kechasi musallasdan ozgina totib koʻrgan edim. Taxirroq edi, bu shirin koʻrinadi,— dedi u kampirga.
— Juda xushichim, kayfi ham nozik, shuning uchun iching deyapman-da, yomon narsani sizga ichkizarmidim?! Qani, oʻrgilay, birga koʻtaraylik.

Ikkovi birga koʻtarib ichib yubordilar. Zumradning yonoqlari loladay yonar, koʻzlarida otash, somsani ishtaha bilan oshar edi.

Kayfi taraq oqsoch qizga yaqin surildi:
— Puldorlar qarimaydi, jonginam, hamisha koʻngillari yosh, shunaqasini topsangiz, shoh bekalarday oʻtiraverasiz. Yoshsiz, bilmaysiz, singlim, dunyoning lazzatini totish kerak.

Zumrad boʻshashib ketganday bir zum jim qoldi. Koʻnglida yana gʻashlik, bezovtalik paydo boʻldi. Jahl, shubha aralash ohangda dedi:
— Avvalo, joyingizga oʻtiring, erdan gapirmang! Ishq ezgu, ishq ogʻir bir dard, oʻzim bilaman.

Oqsoch shoshib qoldi, kalovlanib oʻrnidan turdi, devorlarni, deraza va eshikni ushlab, turtina-turtina chiqib ketdi.
— Ish qalay, tayyor boʻlib qoldimi?—soʻradi Eshonxon ovozini pasaytirib.— Derazadan quloq soldim, xaxo-tarala zoʻr,— qih-qih kuldi Eshonxon.
— Oʻzim yiqilib qolyapman, qiz qanday boʻlsa shunday, baloning oʻqiday oʻtiribdi. Qani, kabobni choʻzing.

Piyoz, murch, sirka sepilgan besh six qaynoq kabobni sanab, xitoy lagapga terib, kampirga tutqizdi Eshonxon.
— Ishqilib, aldang-da, tobini keltiring!

Oqsoch xushboʻy kaboblarni koʻtarib mehmonxonaga kirdi, qizning oldiga qoʻyib, oʻzi ham oʻtirdi. Zumrad patirdan bir tishlab, bir six kabobni qoʻliga oldi. Hil-hil pishgan yumshoq kabobni piyoz qoʻshib yeya boshladi. Haqiqatan, kabob lazzatli edi, darrov sixni boʻshatib dasturxonga qoʻydi qiz.
— Opogʻoyi, oʻzingiz ham oling, yumshoqqina ekan. Oqsoch sixdan bir jaz sugurib, ogʻziga soldi, keyin piyolani toʻlatib, bir qoʻlda musallas, bir qoʻlda bir six kabobni qizga tutdi.
— Oling, oʻrgilay, kabobni faqat musallas bilan yeydilar, taomili shunday.
— Rostdan, meni bu yerga tashlab, haligi xotin qayoqqa ketdi? Oʻlgur nega kelmayapti?— shubha va ranjigan ohangda soʻradi birdan Zumrad, qoshlarini chimirib.— Siz meni masg qilib qoʻydingiz-ku, boshim gir aylanyapti, uyat-a, Zuhraoynikiga bu turda qanday boraman?
— Bo, kelib qolar gʻilay oʻlgur, shungayam tashvish tortasizmi, aylanay! Hali unchayam koʻp vaqt oʻtgani yoʻq, yurgandir-da shangʻillab.

Boy yondosh xonada. U qimizni tinmay ichardi. Zumradning gaplarini koʻz yumib tinglar, mastligiga tagʻin mastlik qoʻshilar edi. Uning endi sabri toqati tugagan, ortiq chidamadi, ogʻzini katta ochib, uzun bir homuza tortdi, kerishdi-da, oʻrnidan ogʻir turib, derazani lang ochdi. Yalt etib derazaga qaragan Eshonxonni qoʻli bilan imlab chaqirdi. Eshonxon oyoq uchida, tovushsiz qadam tashlab, boyga yugurdi.
— Chakki boʻldi, oqsoch mast boʻlib yiqilib qoldi,— dedi, keyin soatiga qaradi:—Vaqt boʻldi, kiring, taqsir, qiz yolgʻiz oʻzi... Aysh ishi nozik ish, mahbubangizni quching...

Boy sevinch va hayajon bilan shoshilib oʻrnidan turdi, qoziqdagi yangi jujun kamzulni kiydi, moʻylovini qayta-qayta burab, doʻppini yigitchalarday olifta qoʻndirdi boshiga. Xonadan ikkovlari birga chiqdilar.
— Kal, oʻzing, kampir, hammalaring daf boʻlinglar! Sen ahyonda uzoqroqdan xabar olib turarsan, uqdingmi?— dedi shivirlab boy hovlida bir oz toʻxtarkan.

Eshonxon va xizmatchi qoʻllarini qovushtirib, hovlining chetiga asta pisib ketdilar. Ular kalning darvoza yonboshidagi kichkina qorongʻi hujrasiga kirib yoʻq boʻlishdi.

Semiz, baquvvat, shirakayf, bagbaqasi boʻyniga sigʻmaydigan xoʻrozday boy tomogʻini qoqib, «Mumkinmi?» deya mehmonxonaga magʻrur yurib kirib bordi.

Zumrad choʻchib ketdi, oʻrnidan sapchib turdi. Yuziga roʻmolini pana qilib, oyoqlari qalt-qalt titragan, rangi quv oʻchgan holda tik turib qoldi. Oh, endi tushundi, makkor kampirning hiylasi endi ravshan boʻldi! U ichida uzun xoʻrsinib, dard bilan ezilib, boshini quyi soldi.

Boyning yuragi taka-puka boʻldi, hayajonda, ichki titroq bilan toʻrga chiqib, koʻrpachaga chordana qurdi.
— Qani, oʻtirsinlar, poshshoxon, malikam!

Qizning yuragi duk-duk urardi. Yuzini yashirgan holda, hayajondan, tahlikadan tutilib, asabiy tovush bilan, betoqatlik bilan gapirdi.
— Boy aka, darrov bildim, Saidahmadboy siz boʻlasizmi, toʻgʻrimi?! Hiyla, makr bilan olib keldingiz meni... Qani, xoin Eshonxonni chaqiring, shu yerdadir u mugʻambir, chaqiring, yuziga bir tupuray! Tarsillatib bir shapaloq solay! Keyin siz bilan gaplashaman.

Zumradning butun vujudida titroq boʻlsa-da, endi u sergak edi. Koʻnglidagi vahimani, sarosimalikni bosa oldi, jasurlik, tetiklik kasb etdi: hazar qilganday, nafrat bilan qarab qoʻydi boyga. Boshini quyi solib, jim qotgan boy, nihoyat, sukunatni buzdi: qiz tomon egilib, tovushiga muloyimlik, yumshoqlik berib, dedi:
— Avvalo, malikam, oʻtiring, ikkinchidan u bir yugurdak, siz bilan uchrashuvga arzimaydi. Sizni men oldirib keldim, jonim, butun ayb menda. Koʻnglimda ishq tugʻyoni, koʻngil doimo sizda, sizni qoʻmsaydi, Yursam, tursam, qarshimda yolgʻiz siz. Ishq oʻti yomon narsa, qalbni yoqadi.

Zumrad, may ta’siridanmi, gʻoyat sarbast va dadil edi. «Qanday qochsam ekan, hamma eshiklar albatta taqqa-taq berkitilgan, dod-faryodimni hech kim eshitmas», deb oʻylardi qiz. U birdan oʻtirdi. Boyga orqa oʻgirib, yuziga bir qoʻli bilan roʻmolini pana qilib oʻtirdi. Boshiga kulfat buluti yoyilganini sezdi. Darddan ezilib, hasrati toshib, ichdan xoʻrsinib qoʻyardi.

Saidahmad bir-ikki six kabobni qizning oldiga qoʻydi, keyin tashqariga chiqib, uning oyoq tovushini eshitgan va qarshisida qoʻl qovushtirib hozir boʻlgan kalga xoʻmrayib shivnrladi:
— Mantini olib kel, chaqqon!

Keyin u salmoqli yurib, muloyim tabassum bilan joyiga kelib oʻtirdi. Xunuk voqealar roʻy berishini fahmlaganday boʻshashib, boshini egib oʻtirgan qieni ovutish tadbirlarini izladi. Undan-bundan, turli kulgili gaplarni gapirishga, oʻzicha askiya qilishga va hazil-mutoyiba bilan qizni ovutishga urindi.
— Zamon oʻzgaryapti, ammo hamisha hayotning qaymogʻi zanginlarniki,—dedi boy gʻurur bilan. Keyin u yana ishq bobiga koʻchdi. Koʻnglida hijron, ishq isyoni zoʻrligi haqida soʻzlab: «Dardimga sizdan boshqa tabib yoʻq!» deya vaysab ketdi.

Zumradning ensasi qotgan edi, asabiy titroq tovush bilan, qat’iyat bilan dedi:
— Bas, ortiq bir nafas oʻtirishga toqatim yoʻq, ketaman...— qat’iy ohangda davom etdi:— «Koʻngil ishqingiz» puch narsa, yolgʻon hammasi. Koʻhlik, malikalarday ikki bekangiz bor-ku, tagʻin sizga oʻzga ma’shuqaning ...ishq nima darkor?! Boylik quturtiradi sizni, ha!..— dedi qiz istehzo bilan.— Aqcha moʻl, sandiq-sandiq oltin! Shular quturtiradi. Kattagina oʻgʻillaringiz, men tengi popukday qizingiz bor, uyalmaysizmi?—nafratdan toʻlib-toshib, dadil xitob etdi qiz.

Boy gʻalati boʻlib ketdi, bir zum shoshganday, javob topolmaganday, nafasi ichiga tushdi. Keyin sokinlik bilan, dabdabali ohangda tagʻin gʻapga kirishdi:
— Bagʻoyat toʻgʻri, bekalar bir-biridan goʻzal. Lekin, jonim, aslo unutmagaysizki, Muhammad paygʻambarning ummatimiz, Muhammad alayhissalom doʻndiqqina toʻrtta xotin olgan. Qani, bunga nima deysiz? Yoʻq, gapimni qaytarmang, jonginam. Shu bogʻ, uy-joy, bu bahavo manzil hammasi sizga. Atlasu tovar, oltin-kumushga koʻmib tashlayman sizni. Dasta-dasta xizmatchilar... Qoʻying-chi, koʻnglingiz nima tusasa hammasi hozir boʻladi, ta’rifi baland malikalarday yashaysiz. Zeriksangiz, shohona ziyofatlar quring, bazmlar yasang, ixtiyor sizda. Lekin ishqu muhabbatingizni menga bagʻishlang, jonim sizga tasadduq, asiringizman.

Qiz yuragi siqilgan holda, roʻmolini tishlab sukutda uzoq oʻtirdi. U chuqur xayolga choʻmgan, koʻnglidagi muqaddao ishqi, ishqdagi poklik, suygan yigiti va sadoqat haqida oʻylar edi. Birdan boshiga agʻdarilgan bu falokat bir mash’um yongʻin kabi uning ezgu ishqini, pok hislarini kuydirib, qovjiratib yuborganday tuyuldi. Atrofga nafrat bilan koʻz yugurtirdi. «Qay yoʻsin bilan qochsam, nechuk qutulsam?» derdi ichida. Hayajondan, nafratdan keskin javob berdi qiz:
— Boy aka, bilaman, boysiz, oltinu, aqchangizning hisobi yoʻq, oltin taxtda oʻtiribsiz. Haddan tashqari magʻrursiz. Kimsan — zavodchi boy, dongʻingiz katta! Shunday boylarning dardi oltinu kumush, misoli itpashshaday yopishasiz unga, irganaman boylarning nafsidan, xasisligidan! Kambagʻal, yetimlarga zarra mehr-shafqat yoʻq sizlarda, ularni aslo pisand qilmaysizlar. Mehnatkash, jafokash xalq hozir arpa nonga zor. Ochlik, qahatchilik bizga kelgan ofat. Tangrim oʻzi shafqat qilsin bandalariga, bir kun kambagʻallar ham koshki yorugʻlikka chiqsa! Tilagimiz koʻp ollodan.

Boy Zumradning gaplarini hazilga aylantirishga urinardi.
— Boylar orasida xasislar yoʻq emas, lekin mundogʻ nazar tashlasangiz, saxiylar ham oz emas.

Boy uni yenga olmasdi, yenga olmasligini oʻzi ham bilar edi. U suhbatni ishq-sevgiga burishga, xushomadgoʻylikka oʻtdi, avradi.
— Iching, malikam, qoʻying behuda, befoyda gaplarni, unuting dunyoning gʻamini. Ishq, firoq yomon narsa, keling, ulfatchilik qilib oʻtiraylik.

Zumrad qancha hushyor boʻlsa-da, yuzlari loladay yongan, koʻzlari maxmur suzilgan edi,
— Yoʻq, boy aka, bir qatra ham ichmayman,— dedi Zumrad titroq ovoz bilan, qat’iyan rad etib.— Aldab, ming makr-hiyla bilan meni qafasga band etdingizmi? Shariat, odob, vijdon qani? Yoʻq, yoʻlimni toʻsmang, uyimga ketaman.

Qiz gʻoyat asabiylashgan, xavfsiragan, sarosimada edi. U «dod» deb qichqirib yuborgisi kelardi. Na qilsin, tutqun, ixtiyordan, erkdan judo boʻlgan!
— Aqlli-hushli, obroʻli odam, deb eshitgan edim janobingizning ta’rifini! Afsuski, bir chaqaga arzimaydigan maxluq ekansiz. Aqlning nishonasini ham koʻrmadim sizda!— dedi u jirkanib.— Vijdon, insoniylik degan fazilatlardan ham mahrumman, deng! Bu qanday razolat!

Saidahmadning tili kesilganday sukutda, jahldan oqarib ketgan edi, lekin darrov oʻzini tutdi, avvalgi holiga qaytdi:
— Mahbubam, shiringinam, xoʻp valdiradingiz, lekin mayli, chidayman. Koʻngil ishqqa, ehtirosga toʻla, men shafqat soʻrayman sizdan, uring, soʻking, mayli, suyaman sizni. Iching, jonim, bir piyola mayni birga iching men bilan.

Qiz boshini ham koʻtarib qaramadi. Boʻshashgan, rangi oʻchgan holda majolsiz, parishon oʻtirardi. Uning koʻnglida kurash, gʻazab, nafrat. Nahotki ketishning iloji boʻlmasa? Najot yoʻqmi? Atrofga telbalarday jonsarak holda termilardi qiz.
— Oʻrgilay sizdan, bir xoʻplang!— qistadi boy.

Shu tariqa aljirab, hansiragan holda oʻrnidan yarim turdi, qizning ogʻziga piyolani tutdi, musallasni quyishga urindi. Qiz piyolani itarib yubordi.
— Haddan oshmang, boy!— deya oldi xolos Zumrad. Boshini chayqab oʻrnidan turdi.

Oqshom tushgan edi. Saidahmad tokchadagi chiroqni yoqdi-da, qayta oʻrniga oʻtirdi. Qizning koʻnglini olishga urinib, turli bachkana iltifotlar qildi, uning yelkasini quchib, oʻziga tortdi. Zumrad nafrat bilan boyning qoʻlini siltab, devorga suqildi, koʻzlarini javdiratib derazadan hovliga qaradi.

Shu kezda darvvza tomonda allaqanday gʻala-gʻovur eshitildi, kimlardir darvozani taraqlatib, qattiq qoqmoqda edi.

Zumradning vaziyatidagi oʻzgarishni payqagan boy iljaydi:
— Hech narsa emas, jonim, parvo qilmang.

Lekin shovqin borgan sari kuchayar edi. Yaqin qoʻshnilardan besh-oltitasi shovqin-suronni eshitib koʻchaga yugurib ham chiqdi shekilli.

Kal xizmatkor darvozani qaltirab ochdi. Eshonxon asabiy tusda eshikka yugurdi. Koʻchada uch kishi turardi. Birisi zabardast, pishiq gavdali, soqoli selkillagan, kelishgan chol, ikkinchiyei Jumaboy, uchinchisi yoshroq, keng yagʻrinli, muloyim, xayolchan bir ishchi yigit, cholning oʻgʻli Sattor edi.
— Yugurdak, siz nari turing, bizga boyni chaqiring!—qichqirdi Jumaboy.— Bu faqir yigitni ishdan boʻshatishga nima haqqingiz bor sizning?! Qani, boy bilan oʻzimiz gaplashamiz.

«Attang, bu Shermatning ishi, suvga suyanma, degan soʻzni bilardim-ku...» dedi ichida pushaymon va sarosimadan oʻzini yoʻqotayozgan Eshonxon.
— Nega boʻzrayasiz, chaqiring jadal!—oʻqraydi Eshonxonga chol.— Moʻmin-qobil oʻgʻlim ne gunoh qilibdiki, ishdan haydaysiz?! Gapiring!—oʻdagʻayladi chol dagʻallik bilan. Keyin soqolini qashib, salmoqlanib davom etdi:— Rahmatli boy otaning qoʻlida koʻp ishlaganman. Oʻlguday ishlatardi, lekin aqchani berardi. Saidahmadboyning bu yugurdagi insofsizlikda koʻp boylardan oʻtyapti, zavodning xoʻjayini emishsiz! Xoʻsh, gapiring!—Eshonxonga qadadi oʻtkir koʻzlarini chol.

Eshonxon Sattorni yomonlashga urinib gapira boshlagan edi, chol uning gapini choʻrt kesdi:
— Yoʻq, mulla, oʻzingizni goʻllikka solmang, bizni laqillata olmaysiz, shu soqol oqarguncha sizdaqalarning koʻpini koʻrganman,— dedi oppoq soqolini silab.— Gapir, Sattor!
— Samovarda oʻtirgan edim, Eshon aka kelib pinjimga tiqildi. «Ishchilarning orasida nima gap, koʻngillarida qanday niyat, hammasiga koʻz-quloq boʻl, menga xabar berib turasan», dedi. «Yoʻq, aka, bunday qiyin savdoni boshimga ortmang, meni tinch qoʻying», dedim, xolos. Koʻrgan-bilganim shu. Ertasi zavodga borsam; «Yoʻqol, ablah!» deb haydadi. Bor gap shu!— dedi Sattor otasi va Jumaboyga qarab.

Eshonxon javob topolmay, qizarib, duduqlanib qoldi.
— Boy bu yerda yoʻq, joʻnanglar, tuyoqlaringni shiqillatinglar!
— Axir bir kuni zavodning xoʻjayini mana shu Sattordaqalar boʻladi!— gʻazabga toʻlib qichqnrdi Jumaboy.— Qani, chaqir boyni, u shu yerda, bilamiz. Hovlisidan topmadik, darak sola-sola shu joyga yetib keldik. Lekin bogʻcha joyida,— kuldi kinoya bilan Jumaboy.

Bularni payqagan Zumrad birdan sergaklanib, dadillanib ketdi, irgʻib oʻrnidaya turdi-da, paranjisini nari-beri boshiga tashlab, hovliga yugurdi. Boy oʻrnidan qoʻzgʻalishga ulgurmagan ham ediki:
— Voydod, xaloyiq, qutqaring, koʻmak bering!— deya alamli qichqirib, darvoza tomonga oʻzini urdi qiz.

Hammalari hayratdan qotib qolgan edilar. «Nima gap?» deganday bir-birlariga qaradilar. Ammo chol bilan Jumaboy fojiani darrov payqadi.
— Eh, zolim boylar! Sen qabih iblisning oʻzisan! — jerkdi Eshonxonni qahrlangan Jumaboy,

Chol qizga achinib, ichdan ezilib ketdi. Hayotning bunday kulfatlarini koʻp koʻrgan, koʻp eshitgan chol tishlarini gʻijirlatdi, lekin churq etmadi.

Qovogʻidan qor yoqqan Saidahmad kekkaygan holda asta yurib hovliga chiqdi:
— Nima gap, bu qanday mojaro?— soʻradi poʻngʻillab.

Chol ikki qadam ilgari bosib salom berdi-yu, oʻgʻli haqida gapira boshladi:
— Shunday, boyvachcha, bolam boyaqish he yoʻq, be yoʻq, boʻshadi keldi. Hech gunohi yoʻq. Hammasi bu oqpadarning qilmishi!— dedi Eshonxonni koʻrsatib.— Bu noinsofdan shikoyat qilib keldim, boyvachcha.

Ensasi qotgan Saidahmad koʻzlarini olaytirib Eshonxonga oʻqraydi:
— Nega boʻshatding yigitni? Eshonxon xunob va asabiy holda:
— Bu yalqov, oʻjar, toʻng!— deb oʻzini oqlashga kirishdi.

Chol boʻlsa boʻgʻilib Eshonxon bilan aytishib ketgan edi, Jumaboy ham aralashdi. Boy indamay tinglab turardi, Keyin Eshonxonga qarab oʻshqirdi:
— Boboy otamizning qadrdoni, ishlayversin oʻgʻli, xomsan, zamonni tushunmaysan!— Tars etib bir shapaloq qoʻyib yubordi Eshonxonga,
— Ha, boy, eamon agʻdarilyapti, ogʻzingizni ochib qolasiz bir kun,— dedi Jumaboy kinoyali ohangda.
— Bas, boraveringlar, — gʻoʻldiradi boy va mehmonxonaga kirib ketdi.

Ishchilar kulishib, mamnun holda koʻchaga chiqdilar.
— Axir, bir kun bu ilonlarning boshini yanchamiz,— dedi Jumaboy ishonch bilan.

Zumrad qoqila-suqila nafasi ogʻziga tiqilgan holda yugurardi. Balandmachitga yetganda, falokatning daf boʻlganiga endi ishonib, qadamini sekinlatdi. «Baraka topishsin, naq Xizrday boshimdan baloni koʻtarishdi!» dedi oʻz-oʻziga shivirlab. U qabihlar changalidan qutulganiga sevinsa-da, hislari parishon, gʻam-gʻussa yuragiga zil choʻkkan edi.

Oʻrtogʻi Unsinning eshigiga kelib toʻxtadi. «Kirsammikan?—oʻyladi qiz, keyin aynidi.— Yoʻq, uyimga tezroq yetib olay».

Zumrad oqargan, hansiragan holda uygʻa yetib kelganda xuftondan oshgan edi. Hovlidan tez oʻtib, xonaga kirdi, oʻzini koʻrpachaga tashladi, shunda qaynoq koʻz yoshlari quyulib ketdi.

II

Oqshom qorongʻisi quyuqlashgan.

Eshonxon koʻp asabiy holda hovlining u boshidan-bu boshiga yurardi...

Oqsoch kampir oshxonada ikir-chikir ish bilan mashgʻul: gʻivirlar, kalga yumush buyurar, qizni qoʻldan chiqarganlariga kuyunar edi.

Eshonxon Hovlining oʻrtasida toʻxtab oqsoch bilan kalni oldiga chaqirdi. Dasturxonni yigʻishtirish, qand-qurslarni javonga qulflash, ovqatlarni ertagacha saqlash, hamma narsani saranjom qilish kabi buyruqlarni topshirdi; ularni siltab, jerkib, sal alamdan chiqqach, xonaga — boyning oldiga kirib ketdi.
— Chilim!— qichqirdi boy Eshonxonga qaramasdan.

Eshonxon darrov ayvondan chilim koʻtarib yugurdi, tamaki solib gugurtni chaqdi-da, boyga tutqazdi. Saidahmad chilimni qoʻldiratib qattiq-qattiq tortgach, ogʻzidan tutun bulutini burqsitib yubordi, oʻtkir tamaki uni ancha elitgan edi. Maydan, tamakidan, alamdan gangigan boy qovogʻini osiltirib ichki xonaga kirib ketdi.

Boyning orqasidan ergashgan Eshonxon ostonada toʻxtadi:
— Ijozat bersalar, yangi shaharni bir aylanib qelsam. Koʻngil juda gʻash...
— Qoʻy, behuda diqqating oshmasin. Qiz qoʻldan, chiqdi, mayli, bu ham oʻzicha bir koʻrgulik...
— Qoʻlga tushirmay qoʻymayman u koʻrnamakni! Men tikildim, balo tikilmasin. Umidingizni uzmang, koʻnglingizni buzmang, boy aka.
— Bilaman, koʻngling gʻash sening, mayli, oʻynab kel,— dedy boy.— Men hozir yolgʻizlikni istayman.

Eshonxonning koʻngli yorishganday boʻldi, yengillashib papiros tutatdi-da, chiqib ketdi.

Eshonxon Piyonbozorni aylanarkan, ayollarga tegishib, tentirashib yurgan bir toʻda boyvachchalarga duch keldi. Bularning barchasi puldor, engillari yaxshi, gʻarchillama etiklarda. Biri attor, biri bazzoz, biri qoʻyfurush boylarning farzandlari.

Eshonxon salom-aliklashib boyvachchalarga qoʻshilib oldi. Ular Skver tomon yurishdi.

Skverda odam qalin. Kech salqinida birovlar skameykalarda hordiq chiqarmoqda, birovlar xiyobonlarni aylanib sayr etmoqda.

Boyvachchalar, kinoga kiraylikmi yo restoranga boraylikmi, deb oʻzaro tortishishar ekan, Eshonxon ularli avrashga kirishdi:
— Zerikdim kinolaridan, nuqul oldi-qochdi, eng ma’quli restoran, yuringlar, jinday ichamiz.

Koʻpchilikning istagi shu boʻlganidan, darrov koʻna qolishdi.

Eng yaxshi restoranga kirib, katta stol atrofiga davra qurishdi. Bu yerdagilarning aksariyati yasangan-tusangan rus boylari edi.

Menyuni varaqlab, uzoq bahslashishgach, bifshteks bilan araq buyurishdi.
— Eng ma’quli araq, oʻtkir-da, darrov oladi,— bilimdonlik qildi Eshonxon.

Ulfatlar araqni koʻtara-koʻtara ovqatni urishdi. Xususan, nafsi buzuq Eshonxonga hech kim yetolmasdi.

Suhbat shu kunlarning mavzui — Petrograd voqealari, Muvaqqat hukumat ustida aylanardi. Keyin, zavolli Turkiston oʻlkasining tuprogʻi oltin, Temur avlodi zanjirdan xalos boʻldi, asoratdan qutuldi, qabilidagi gaplarni aytib ezmalanishgach, olifta bir boyvachcha Qoʻqon boylari va jadidlarning muxtoriyat masalasini koʻtargani haqida ovozyni pasaytirib soʻzladi. Boyvachchalar, yangi maktablar tashkil etilib, diniy ilmlar qatorida riyoziyot, iqtisod ilmlari kiritilsa, tijorat taraqqiyot topur, zavod-fabrikalar ochib tashlaymiz, ana shunda hammamiz millioner boʻlamiz, deb qadahlar koʻtarishdi.

Bazzoz yigit araqni ogʻziga agʻdarib, boylarning bid’at ishlari koʻp, haddan tashqari toʻy-hashamlarga bisyor pul sarf qiladilar, omiliklaridan tijoratning yoʻl-yoʻrigʻini bilmaydilar, deb notiqlik qildi.
— Turkiston muxtoriyati hozircha xayolda-ku, shunchalik gʻavgʻo koʻtarasiz, doʻstlarim,— iljaydi attor Tohirjon.

U boyvachchalar ichida eng oliftasi: ustida yangi jujun kamzul, oyoqlarida sirma etik, boshida mosh rang sidirgʻa duxoba doʻppi: shinam kiyinadigan, hamisha usti boshi yiltirab yuradigan yigit.
— O, Istambul! Besh qit’ada uning misli yoʻq, deydilar,— gapga aralashdi qoʻyfurush Badriddinning katta oʻgʻli Qamariddin. Otasining ta’sirida u ham qoʻpolgina, pishiqqina kiyinadigan yigit edi.— Ayni zamonda Turkiya qonga gʻarq. Fursat kelurki, gʻolibiyat kasb etar, nainki turk askarlari jasur, shijoatli emish, istiqbolining porloqligiga aminman.

Boyvachchalar endi kabobga oʻtishgan edi, araq uzilmadi; qadahlar ketma-ket boʻshatilardi. Ular kayflari chogʻ boʻlib, gapni dam u mavzu, dam bu mavzuga burdilar. Suhbatning bosh ipi degrezlik Alixonboyvachchaning qoʻlida. U harorat bilan soʻzlar edi.

Kimdir birov aytdi:
— Peterburgda janob Milyukov, yaqinda qoʻshinlarimiz turk yeriga oyoq bosadi, dedi. Yaroq-aslaha shay emish, umidi katta.

Eshonxonning kayfi zoʻr edi.
— Burjuaziya katta gap, ma’nosi chuqur; ayni zamonda boylarning ovi yurib qolgan, fursatni qoʻldan bermanglar zinhor!— deb ta’kidlady.— Ammo, yoronlar, shu tobda zamoi nihoyat qaltis. Ishchilar yomon bosh koʻtaradi deyman. Musulmon ishchilarni aytmaysizmi, kofirlar iziga tushyapti. Bu yomon xavf!
— Yanglishasiz, ukam Eshonxon,— dedi chollarday salmoqlab mashhur choyfurush boyvachcha.— Orqamizda katta suyanchigʻimiz bor, bu ulamo hazratlar. Fuqaro ulamoning rahbarligidan aslo bosh tortmasligiga shak qilmagaysiz.
— Darhaqiqat ulamoning obroʻyi zoʻr,— mast holda koʻzlarini suzdi papirosini soʻrib Alixon.— Oramizda yoʻldan uradiganlar chiqadi albatta, iloji yoʻq. Musulmon ishchilar orasida oʻris ishchilar zimdan ish yurityapti, bu bizga ravshan, koʻr emasmiz. Zavod-fabrikalarni, davlatni qoʻlga olish ularning niyatlari. Eha, gap koʻp, lekin yolgʻiz xaloskorimiz ulamo hazratlar!
— Bas-e, oʻldik-ku siyosat gʻavgʻosidan,— dedi kayfi oshib qolgan bazzoz yigit.— Zamon bizniki, har ishning asosi sarmoya.

Muzika yangrab ketdi. Restoranda oʻtirgan rus erkak va ayollar raqsga tusha boshlashdi.
— Ketdim, jononlarni qidirishga!— gandiraklab oʻrnidan turdi bazzoz yigit.
— Mugʻambirki, bu bobda tengi yoʻq,— jahli chiqqan edi Alixonning.— Qiz izlab ketgani yolgʻon, joni pul!
— Bilaman qurumsoqni,— dedi kamgap, soʻzga toʻmtoq chitfurush boyvachcha.— Haddan ortiq xasis maxluq. Qarab tursin, azbaroyi xudo, bir kun qoʻlga tushirib, pulini qoqamiz.

Muzika tinmasdi. Mana, xipcha bel kamzul kamariga xanjar osigʻliq, sirma etik, katta papaxda suxsurday bir kavkazlik yigit oʻrtada gir aylana ketdi. Oyoq uchida yoʻrgʻalab, zavq va ehtiros bilan raqs qildi. Bir stolni qurshagan kavkazliklar shod holda olqishlab qarsak chalardilar.

Boyvachchalar papiros tutunini buruqsitib, mahliyo oʻtirardilar.

Eshonxonning yodiga bir narsa kelgan edi, hovliqib soʻzlay boshladi.
— Tunov kun xoʻjayin bilan gʻallaning piri Abdulatifboyning bogʻiga borgan edik. Ulfatlar chamamda yetmishga qadar bor edi. Ziyofatni soʻramang, doʻstlarim, ta’rifidan ojizman. Untacha mashshoq tinmay musiqa chalib turibdi. Nogoh bir yigit oʻyinga tushib ketdi, asti qoʻyavering, bay-bay-bay... Aslo bunaqasini koʻrmaganman. Behush qotib qolibman.
— E-e!— sirli tusda iljaydi Alijon.— Toʻgʻri, taajjub narsa. Asli u yigitcha Sayramdan, ismi Bulbul. Darhaqiqat bir ofat!
— Ha-ha, naq oʻsha, sayramlik yigit, biram goʻzalki, jannat gʻilmonlari boʻlsa shunchalik boʻlar... Oʻn sakkizda deyman chamamda, yo oʻn yettidamikan?— Ulfatlarning hammasi birvarakayiga mahliyo boʻlib qolishdi.

Boyvachchalar qiziqib qolishdi, uni topib, bazmi jamshid qurmoqqa qaror qildilar. Shivirlashib, qoshlari va koʻzlarining imosi bilan allanimalarni gaplashdilar...

Restorandan chiqqach, boyvachchalar toʻda-toʻda u koʻcha, bu koʻchaga tarqalishdi. Eshonxon uyga yetib kelib, hujrasiga kirganida soat bir boʻlib qolgan edi.

Oʻn Yettinchi Bob

I

Jomeda ulamolar jamiyagi majlisi. Gʻij-gʻij oq sallalar... Vahming keladi... Shaharning moʻ’tabar boylari, peshqadam ulamolar, faqir-fuqaro...

Jome hovlisi oʻrtasidagi minbarda birin-ketin ulamolar nutq soʻzlaydi. Ular paygʻambarning aytganlari, din asoslari, ayni zamonda oʻzlarining vazifalari, rejalari haqida gapirardilar.

Ora-sira «Omin!» «Ollo taolo maqsudimizga yetkazsin!», «Shariatimiz mustahkam va pok boʻlgʻay!» degan xitoblar dolgʻali dengizning toʻlqini kabi qarsillab qoʻyadi.

Minbarga uzun yarqiroq toʻnining etaklariga oʻralashib yirik gavdali, salobatli bir ulamo chiqdi:
— Xaloyiq, shariatimizning, muqaddas islom dinimizning peshvosi Maxsumxon toʻra Sadriddin a’lam janoblarining tabarruk zimmalariga ulamo jamiyatining raislik lavozimini yakdillik bilan yuklasak arziydi.

Qarsak va olqishlar tingandan soʻng kumush rang tovlangan keng banoras toʻn, katta oq salla oʻragan Sadriddin a’lam minbarga chiqdi. Barchaning diqqati unda. A’lam vazmin, past, ingichka tovush bilan soʻz boshladi:
— Xaloyiq, ollo taologa hadsiz va hisobsiz shukurlar boʻlsinki, bizni yoʻqdan bor qildi. Qudratli ollo taolo bizni eng hurmatli va izzatli boʻlgan odam qilib yaratdi. Biz musulmonlar eng karomatli va sharofatli islom diniga musharraf boʻldik. Ollo taolo bizga oʻz soʻzi boʻlgan qur’on karimni ato qildi. Hamma imonli kishilarning qur’on karimga amal qilmoqlari farzdir.— A’lam yoʻtalib olib soʻzida davom etdi:— Muhammad alayhissalom qur’on karimning hukmlarini hammamizning qulogʻimizga yetkurdi. Qiyomatgacha dunyoga oʻzga paygʻambar kelmas, ham Muhammad paygʻambarga berilgan shariat aslo buzilmas,— Sadriddin a’lam paygʻambarning yoʻl-yoʻrigʻi, islom buyrugʻi haqida uzoq soʻzladi, qaqragan tomogʻini qirib bir-ikki yoʻtaldi.— Musulmonlar, hech bir ish ollo taoloning izmisiz boʻlmas, ya’ni har bir ish yolgʻiz ollo taoloning qudrati va amri bilan boʻlur. Olloning amri ila ulamo jamiyati barpo boʻldi. Qur’on sharifni koʻkrakka jo qilib, rasul akram yoʻliga amal qilib, ulamo jamiyati oʻz vazifalarini ixlos va vijdon ila ado etmoqqa safarbar deb bilur oʻzini. Allohumma ansara min kasorati dinihi va uhdula min hazorati dinihi, ya’ni, xaloyiq, eshiting, xudoyo dinga yordam bergan odamga oʻzing yordam ber, dinga raxna solgan odamni oʻzing xor-zor qil! Qavm, jamoat, muborak boʻlsin, hurriyat kunlaringiz! Omin!

Chuqur sukunatda tinglagan xaloyiq qoʻzgʻalib ketdi. «Omin!» deya barcha birvarakay duoga qoʻl koʻtardi.
— A’lam minbardan tushar ekan, yaqin turgan boylar, Dumaning uch-toʻrt chinovniklari ta’zim bilan salom berdilar. Odamlarning ba’zilari a’lamning qoʻllarini oʻpib, ba’zilari toʻn etaklariny koʻzlariga surtardilar. Uni qurshagan bir guruh ulamolar birga yurib madrasaning keng hujrasiga kirdilar.

Hamma oʻtirgandan keyin uzundan-uzoq duo oʻqildi. A’lam mamnuniyat bilan tagʻin soʻzga kirishdi. U vazifalarning mushkulligini, vazifashunos, husnixat bir kotibning zarurligini aytdi.

Hazratning pinjiga tiqilgan ulamolar; «Taqsirimning koʻngillariga ma’qul kotibni topurmiz!» deb va’da qilardilar.

Ulamolardan biri eshikka yaqin oʻtirgan Mirzahalimni koʻrsatdi a’lamga:
— Hazratim, mana oʻtiribdilar. Mirzahalim, kamtar, vazifashunos, bagʻoyat husnixat. A’lam boshini qimirlatdi:
— Durust, mirza fozil yigit. Picha oʻylay-chi,— sukut qildi u.

Shu tobda hovliqib, terlab xonaga kirgan Sharafiddin domla qayta-qayta ta’zimda bukildi:
— Muborak boʻlsin, ulugʻ hazratim! Sadriddin a’lam jilmaydi.
— Mana, domla Sharafiddin tilloyi rang bilan bitishda eng a’lo shogirdlarimizdan,— soʻng Sharafiddin domlaga qarab dedi:—Kotiblikka sizni ravo koʻrurmiz, mulla!

Sharafiddin domla novcha boʻyli, koʻzlari bejo, usti boshi shay, pishiq, ozoda, qaytarma yoqali uzun kamzul ustidan keng toʻn kiygan, boshida kichkina oq misqoli salla, kamzul ustidan soat zanjiri osigʻliq.
— Vazifalar koʻp ogʻir-ku, taqsir, kaminaning iqtidori yeturmikan?—soʻradi Sharafiddin domla deraza ostiga oʻtirib.

A’lam oʻsiq qoshlarini koʻtardi:
— Ba ushtur murgʻ goʻyand, ki bor kash, megoʻyad: «Murgʻam»; goʻyand kiparvoz kun, megoʻyad: «Man ushturam». Ya’ni tuyaqushga yuk ortmoqchi boʻlsalar: «Qushman», debdi, uch, desalar: «Tuyaman», degan ekan.

Ulamolar qihillab, koʻzlarining namini artib-artib kulishdi. Sharafiddin domla ham kula-kula choʻntagidan dastroʻmolini olib, peshana terlarini artdi.
— Taqsir, bajonu dil bu ulugʻ vazifani qabul qilgumdir,— deya qulluq qildi.

Sariqqina, koʻzlari gʻilayroq bir ulamo a’lamdan soʻradi:
— Hazrat, mirzaning mohiyonasi nechuk boʻlur? A’lam darrov javob bermadi, bir oz jahli ham chiqqan edi:
— Sizning shundoq noma’qulchiligingiz qolmaydi, mulla, qiziq gapirasiz-a! Agar fuzul naboshad, jahon guliston ast! (Forscha-tojikcha! Agar bekorchi ezmalar boʻlmasa, olam guli-ton.) Sharafiddin domla dastavval sa’yi ijtihod bilan kotiblikni bajo keltirsin, keyin koʻrarmiz.

Siz, mulla, qavmning ichida boʻling, tilingiz uzunroq, va’z-nasihat qiling!

Terisi qalin gʻilay ulamo oʻziga tekkan vazifadan quvonib ketgan edi. «Qoʻlimdan kelganini ayamasman», deb shoshilib qulluq qildi.
— Ey ahli ulamo!— xitob qildi a’lam oʻtirganlarga bir-bir qarab olib.— Turkiston viloyatining jamiki qishloq va shaharlarini oralab, qavmlarga imon, tavfiq, oxiratning azob, rohatlari xususida tushuntirmoq sizning zimmangizdadir. Bu haqda bafurja, xotirjamlik bilan soʻzlashurmiz. Hozir vaqt qisqadir.

Ulamolarga yangi gap topilganidan darhol bir-birlarini turtishib, shivirlashib, imo bilan soʻzlasha boshlagan edilar.

Hazrat. Sharafiddin domla bilan tagʻin ikki mudarrisni qolishga imo qilib, boshqalar bilan xayrlashgach, ulamolar oyoqqa qalqib, ta’eim va qulluq bilan xonaqohdan chiqib ketdilar.
— Sizlarni olib qolganimizning sababi shuldirki,— a’lam mudarrislarga qarab soʻzladi,— ulugʻ viloyatimiz nomidan barcha qavmlarimizga qarata bir e’lonnoma bitish zaruriyati tugʻildi. Bu ishni jadal bajarmoq lazim. Hozir huzurimizda koʻp obroʻli foeil mudarrislar bor edi, ammo sukut qildim, aytmadim, shovqin koʻtarishni lozim topmadim... Zoti oliylari munavvar koʻngillaridan mazmunli, salmoqli bir e’lon tartib etgaylar. Dini islomdan muqaddima boshlab, andak ahvoli zamon xususida toʻxtang, keyin tagʻin dinni targʻib etgaysiz. Qavmlarni hayajonga solgudek yuksak ruhdagi diniy iboralar bilan bitgaysiz. Bandalarining yaxshi va yomon ishlarini ollo taolo qudrat tarozusi ila bilur, deng, bandalarni imonga da’vat eting. Qani, marhamat, ishga!

Mudarrislar va kotib qulluq qilgach, ertagayoq buyruqni bajo keltirib, hazrat huzuriga yetkazmoqni va’da qildilar.

Sadriddin a’lam mamnuniyat bilan oʻrnidan qoʻzgʻalar ekan, Sharafiddin domla irgʻib turdi-da, qoziqdagi toʻnni a’lamga tutdi, kavushlarini toʻgʻriladi.

II

Sadriddin a’lam jomedan qaytganda katta kelini — oʻgʻli Zuhuriddinning xotini — uzun koʻylagining etaklariga oʻralashib, hovli supurmoqda edi. Hazrat darvozadan kirarkan, kelin darhol supurgini chetga oldi, qoʻllarini koʻksiga qoʻyib, bukilib salom qildi.
— Assalomu alaykum, ulugʻ martabangiz qutlugʻ boʻlsin! Talabalaringiz xushxabar yetkazdilar...

Mamnuniyatdan chehrasi yanada yorugʻlashgan a’lam jilmayib ichkari kirib ketdi.

Ichkari keng sahnli katta hovli. Qator ikki uy, bir dahliz, tagʻin ikki uy, bir dahliz, oldi uzun ayvon. Hazratning katta xotini, otin buvi, ayvonning boshida yigirma-oʻttiz qizni oʻqitib oʻtirardi. Eski maktabning odatdagi shovqini havoni toʻldirgan. Qurt shimgan yoki saqich chaynagan qizni otin buvi qoʻlidagi xivich bilan ohista bir urib qoʻyar, hozir yoniga bir shogird qizni oʻtqazgan, dars tinglar edi.

A’lam hovlida koʻringan hamon qizi Adibaxon otasining istiqboliga yugurdi.
— Turkiston olamining oftobi!— quchoqladi uni qizi.— Akamdan eshitib, behad xursand boʻldik.

Adibaxon alifday nozik, yuzi tiniq, oq, yirik koʻzlari ustidagi ingichka qoshlari ofat... Shoʻx tabiatining ifodasi boʻlgan, hamisha tabassumga moyil dudoqlari husniga yanada mukammallik baxsh etgan... Adibaning ustida gʻoʻzapoʻchoq nusxa uzun tovar koʻylak, pushti shohi durra tagidan taqimlariga qadar tushgan, maydalab urilgan sochlari hamisha toʻlqinda... Qur’onni qiroat bilan yoddan yoqimli oʻqiydi, xotinlar va kampirlar uni «Qori begim» deb atardilar.

Hazrat mamnun edi, qizining orqasiga qoqib, peshanasini siladi, «Oyingni chaqir!» deb buyurdi va xonaga kirib ketdi.

A’lam toʻnini qoziqqa ilib, sallani ehtiyot bilan taxmondagi yostiq ustiga qoʻydi-da, boshiga taqiya kiydi, toʻrga solingan qavat-qavat koʻrpacha ustiga oʻtirdi. Shu tobda a’lamning ikkinchi xotini Xadicha begim rangi oʻchgan, ranjigan holda xonaga yelib kirdi.

Bir vaqtlar Sadriddin hazrat Buxoroda toʻrt yil qolib ketgan. U madrasada moʻ’tabar shayhlar qatorida yurgan. Shunda u Xadicha begimga uylanib olgan edi. Xadicha begim Toshkentga kelgandan soʻng yolgʻiz bir oʻgʻil tuqqan, uning oti Ziyoxon, madrasada tahsil koʻrgan, hazratning istagi boʻyicha u olti yildan buyon Buxoroda tahsilni davom ettirmoqda edi.

Xadicha begim kichik jussali, oppoqqina, koʻhlikkina xotin. Hamisha koʻzlari kulib turgan, soʻzlari yoqimli ayol.

Otin oyi zimdan rashk qiladi, oʻzi shogird qizlarni oʻqitish bilan ovora, kir yuvish, ovqat pishirish, sigir-buzoqqa qarash kabi jamiki uy-roʻzgʻor yumushlarini Xadicha begim zimmasiga tashlagan. Yoz kunlari hatto sholikordagi butun ishlarni ham Xadicha begim saranjom qilardi.
— Assalomu alaykum,— sal bukildi Xadicha begim.— Voy oʻlay, kelibsiz-u, men tomonga kirmabsiz-a, toʻn-sallangizni oʻzim olardim, hazratim...— u gina qilgan boʻldi eriga.

A’lam javob bermadi, sukutda nimaningdir xayolini surib oʻtiraverdi.
— Gapirsinlar, taqsirim,— a’lamning qarshisiga choʻqqaydi Xadicha begim.— Katta ishga, yuqori mansabga musharraf boʻlibdilar. Hovlida yumush bilan ovora edim, shu xushxabarni oʻgʻlingiz topib keldi, otin oyisiga shivirlaganini orqavoratdan eshitib qoldim..» Qutlugʻ boʻlsin!

Hazrat miyigʻida kuldi:
— Kechasi bafurja soʻzlashurmiz, begim...

Eshikdan lop etib kelib kirgan otin oyi kundoshini koʻrgan hamon ensasi qotgan edi, ogʻiz ochgisi kelmadi, indamay toʻrga oʻtirib a’lamga savol nazari bilan qaradi.

Xadicha begim yengil yurib chiqib ketgach, a’lam otinga murojaat qildi:
— Xoʻsh, avvalo bilmoqchi edim, yetarli non bormi? Qand-qurs-ku, sandigʻingdan topiladi.

Qarigina yuzi sepkil, baland boʻyli, shaddod otin oyi qattiq yoʻtalib olgach, qayta-qayta aksirdi, mursagi kissasidan chit roʻmolcha olib, ogʻiz-burnini artdi-da, tagʻin roʻmolchani qaytib kissasiga soldi.
— Mehmon keladiganmidi?— soʻradi kampir shoshmasdan.—Eshitdim, indamaysiz, toʻram! Turkiston viloyatining jamiki ulamolariga sarkarda boʻlibsiz, muborak boʻlsin! Qand-qurs bor, non qattiq, mehmonning oldiga qoʻyib boʻlmaydi.
— Peshin yaqinlashdi, qizlarni ozod qil, mehmon kelishi mumkin. Yaxshilab dasturxon yasalsa kifoya, osh darkor emas.

Otin oyining jahli chiqqan edi:
— Hamisha qiligʻingiz shu, hazratim, ovqat haqida xarxasha. Sizga doimo umoch-ugra, xoʻrda-yu, moshxoʻrda boʻlsa.
— E, tavba,—soqolini siypadi a’lam,— xudoning bergan kuni qizlaring palov keltiradi-ku, pishirib ovora boʻlishning ne hojati bor?!
— Voy oʻlay: az javoni to piri, az piri to bakay, degandek, yoshlikda qarilikka yigʻdingiz, endi nimaga yigʻasiz?

A’lam qixillab kuldi, otin oyi ensasi qotganidan yuzini ters burdi, roʻmolini toʻgʻrilab, u yelka-bu yelkasiga tashladi.
— Oʻn kunda bir keladigan palovni aytasiz-a! Shu bugun chuchvarami, mantimi, yo palov boʻlmasa uyat-ku! Mullalaringiz bir ogʻzi-burunlaridan toʻysinlar. Qazi ham pishirsak yomon boʻlmasdi, sadagʻasi ketay, tarashaday qotib yotibdi, olloning in’omi, qadriga yeting-da, axir.
— Avvalo, faqirlik yuksak, kamtarlik a’lo narsa, bularning ma’nosini bilmaysan, vagʻillaysan. Har bir ishning siri oltinda, qariganda darkor boʻladi, oltin-kumush olloning xazinasi!

Otin oyi labini burib, bir on jim oʻtirgach, eriga tagʻin tushuntirishga unnadi, yalindi-yolvordi — boʻlmadi, erini aslo koʻndirolmadi.

A’lam kerishib oʻrnidan turdi-da, tahorat uchun hovliga chiqdi.

Otin bibi darang-durung qilib sandiqni ochdi, bir-ikki patnisni toʻldirib tuzadi, tagʻin bir-ikki patnisga toʻrtta-toʻrtta meva tashlab, beriroq qilib yasadi. Keyin patnislarga bir sidra razm solib qarab chiqarkan, koʻngli toʻlmadi. «Nonlarning suvi qochib qolgan, uyat-e, hazratim qurmagur bema’ni!»—koyidi ichida erini.

Ayvonda qizlar:
— Shin-shin, boʻldi peshin, zod-zod boʻldi ozod!— deya shovqin koʻtarishdi. Diqqati oshib turgan otin oyining jahli chiqib, ostonadan qichqirdi:
— Oʻlim bergur qizlar-ey, ovozlaringni oʻchirlaring, bas, deyman!

Qizlar otin bibilarining ovozini eshitishmay, shovqinni avjiga koʻtarishdi, Otin oyi qizlarga qarata qoʻlini koʻtardi.
— Ozod!..— dedi ranjigan bir ohangda.

Koʻp oʻtmadi, hazratni ziyorat qilmoq va tabrik etmoq uchun hozir boʻlgan ulamolar, mudarrislar, boylarga mehmonxona liq toʻldi. A’lam xursand, kekkayib oʻtirar, ora-sira luqma tashlab, bir-ikki ogʻiz vazmin gapirib qoʻyar edi.

Madrasadan kelgan bir necha shogirdlar patnis olib kirib, choy tashib, xizmatda yelib-yugurardilar.

Dasturxonga zimdan razm solgan mullalar: «Patnis goʻyo bihishtdan chiqibdi, ammo non qoq, choy suyuq», deyishardi imlashib.

Suhbat ulamolar jamiyati atrofida borardi, ulamolar jamiyatining moddiy tarafidan gap aylantirib, boylarga quloq qoqish qilardilar. Moʻmingina bir koʻnchi yigit gapirardi.

Mana, darvoza oldida Saidahmadboy, Muhammadmansurboy, Valixonboylar ketma-ket izvoshlaridan tushadilar. Uchalasi ham kiyimda bir-biridan qolishmagan, egnilarida yangi kamzul, chakmonlar, tovlama beqasam toʻn, boshlarida ixcham shohi sallalar, oyoqlarida gʻarchillagan amirkon mahsi-kavushlar.

Hazrat boshliq ulamolar, barcha mehmonlar hovliga — yangi kelganlar istiqboliga chiqib kutib olishgach, mehmonxonaga kirib oʻtirildi. A’lam uzun duo oʻqidi. Tagʻin qutlovlar, tagʻin soʻrashuvlar takrorlandi. Suhbat izga tushgach, Sadriddin a’lam ichkariga kirdi.
— Otin, hoy, otin!— chaqirdi a’lam ayvonda turib.
— Labbay, hazratim?—soʻradi hozir boʻlgan Xadicha begim.
— Chaqir, otin oyingni!— buyurdi zarda bilan a’lam. Otin oyi xonadan yugurib chiqqan edi, rangi oʻchgan Xadicha begim ters burilib ayvondan tushib ketdi.
— Nima qilamiz, otin, boshim qotib qoldi, osh tuzuk boʻlurdi, ammo koʻpchilik-da, yetkazish mahol,— oʻylanib soʻradi a’lam:—Yoxud xoʻrdami, tabarruk taom, nima deysan?

Lahzada ayvonda qayta paydo boʻlgan, gʻayirlik va gʻazabda toʻlgangan Xadicha begim gapga suqildi:
— Yaxshisi, hazratim, lazzatli mastava qilaylik, yayrab ichishadi.

Otin oyi barmogʻi bilan yuzini sidirdi:
— Oʻla qolay, mundogʻam nokaslik boʻlarmi? Bugun dasturxoningizga manti munosib taqsir! Goʻsht bor, picha yetmaydi, darrov guzarga bir mullavachchani yugurtiring, birpasda hozir qilamiz.

Hazratning koʻzlari jahldan olayib ketgan edi, otin oyi boʻsh kelmadi, qattiq-qattiq gapirdi eriga.
— Qaydagi gaplarni gapirasan, otin, xudoning ertagi kuni ham bor. Mastava ham sahobalarning yemishi, ulugʻ taom. Xadicha begimning soʻzi ma’qul. Yogʻu goʻshtni kamroq solib, suyuqroq qil, otin, mehmonlar behad. Tobiga keltirib zigʻir yogʻ aralashtiringlar, mastava palov emas, bilasan-ku, otin, u guruch tanlamaydi, oqshoq qoʻshib yuboringʻlar-da, shoshmasdan qaynatinglar.

Gʻazabdan tili qotgan otin:
— Yakarzan az dastash namiaftad (Forscha-tojikcha: qoʻlidan bitta tariq. ham chiqmaydi),— dedi shivirlab, xolos.
— A’lam otin oyining e’tiroziga va istagiga zarracha e’tibor bermadi, gerdaygan holda tashqariga yurdi, Xadicha begim kundoshiga yalt etib ma’noli qarab olgach, kulimsirab oʻchoq boshiga yugurdi.

Mehmonxonadagilar ta’zimga qoʻzgʻalib, qayta oʻrinlariga oʻtirgach, Muhammadmansurboy gap boshladi:
— Bahs qizib ketdi, taqsir,— a’lamga murojaat etdi u,— burnogʻi yil yozda bihisht kabi bir bogʻning kattakon supasida ulfatlar ziyofatda edik. Sohib quling oʻrgilsin palov keltirdi. Biz oshga ishhata bilan endi qoʻl urgan edik, toʻsatdan tepamizdagi bir novdada oʻtirgan chittak, oʻzingiz bilasiz, jibilajibon, afv etasiz, janoblar,— boy jilmayib mehmonlarga qarab oldi,— axlatini tashlab yuborsa boʻladimi! Naq palovning qoq oʻrtasiga tushdi, hammamiz qoʻlimizni tortdik. Taqsir, shariatda yoʻl qalay? Osh halolmi, harommi? Shu xususda bahs qilurmiz Muftiy, halol deb fatvo berdilar. Sizning tabarruk fikrlarnngizni eshitsak.

Mehmonlar sukutda, a’lamning javobiga muntazir edilar.

Sadriddin a’lam bir zum oʻylanib qoldi.
— Qayerdagi masalalarni qoʻzgʻaysiz, muhtaram bazzoz, chittakmi, humoyunmi?— iljaydi a’lam. Mehmonlar qah-qah urib kulib yubordilar, lekin Muhammadmansur boʻsh kelmadi.
— Oʻzim bor edim, taqsir, osmondan laganga lop etib tushdi, oʻsha on tepamizdagi daraxt shoxidan jibilajibon pir etib uchdi-ketdi.
— Masala nozik,— javob berdi a’lam jiddiy tus-da.— Taom xususida yechilmagan masalalar hanuz koʻp. Balki olloning amri bilan boʻlgandir bu ish, ollo taolo har bir ishni avvaldan lavhulmahfuzga yozib, tayin qilib qoʻyadi.
— Nahotki tangrim shuncha odamni oldiga kelgan ovqatdan benasib qilsa?— dedi bazzoz e’tiroz bildirib.
— Ollo taoloning sirlari koʻp,— soʻzlarni bir-bir chertib soʻzladi a’lam.— Ehtimol hamtovoqlaringiz orasidagi bir gunohkorga yuborilgan jazodir.

Bazzoz hammaning oʻziga tikilganini sezganday oqarib ketgan edi, buni darrov payqagan mufti oradagi oʻngʻaysizlikni bartaraf qilishga, bazzozga yordamga shoshildi. U qator dalillar va fatvolarni qalashtirib tashladi.
— Kaminaning fikricha, parrandalar halol maxluqdirlar, oshdan bir hovuch olib tashlab, yemak mumkindir,— dedi u.

A’lam oʻjarlik bilan bahsni davom ettirishga tirishgan edi. U muftiga hujum qildi:
— Insonning halqumi nihoyat pok boʻlmogi shartdir! U buni qayd etib, keyin bafurja hal qilishga havola qilgach, suhbat boshqa tomonga burildi; podsho saltanati barbod boʻlib, kambagʻallarga va boylarga ozodlik keltirilgani, savdo-sotiq tijorat ishlari taraqqiyoti kabi masalalar ustida gap aylandi.

Suhbat madrasa islohiga taqalganda, Sadriddin a’lam qat’iyat bilan dedi:
— Madrasa paygʻambardan qolmish meros, tarixi uzoq, unga til tegizish, qoʻl taqizish gunohi azimdir. Madrasa ollo taolodan yuborilgan dinimizning musharraf dargohidir.

Suhbat uzoq davom etdi, katta boylardan bir nechasi madrasa islohotiga oid masalani qoʻzgʻagach, a’lam: «Koʻrarmiz, olloning ixtiyoriga havola qilurmiz», deb suhbatni kesdi...

Sadriddin a’lamning mehmonxonasidan qoq yarim kechaga qadar mehmonlar arimadi. Ketma-ket toʻda-toʻda oshna-ogʻaynilar, muxlislar a’lamning moʻ’tabar mansabini qutlashga kelib turdilar.

III

Zah hujrasida taqir poʻstak ustiga choʻkka tushgan Umarali «Sharhi mullo Jomiy»ni mutolaa qilardi. Unga yondosh keng hujrada olabayroq va banoras toʻnlarda, qozonday katta-katta sallalarda bir guruh mudarrislar jadidlar haqida gʻiybat va oldi-qochdi gaplarni uzib-ulab, ezib suhbat olib borardilar.

Yana boshqa keng bir hujrada shogirdlar qofiya toʻqib, jang maydonini qizdirib yuborganlar. Bir-biriga soʻz hujumi, soʻz hamlalari bilan arab tilida bahs yuritardilar. Bozor yaqinligidan uning shovqin-suroni, gʻovur-gʻuvuri, darvish va qalandarlarning tovushlari madrasaga eshitilib turardi.

Madrasa ahli aksariyat turmush kechirishi mashaqqatli va mushkul boʻlgan, nonni toʻyib yeyolmaydigan faqir odamlar. Ammo ikkinchi guruh, oz boʻlsa-da, hamyoni ham, qursogʻi ham toʻqlar, katta dehqon, katta yer egalarining, boylarning farzandlari. Ularning usti boshi shay, har kun yegani palov, ichgani achchiq choy, xarjlari joyida.

Umarali qashshoq boʻlsa ham, qalbi toza, insoniy gʻururi zoʻr, yuragi toʻla dard, kamtar yigit. U sekin-sekin hayot falsafasining magʻzini chaqib, inson taqdiri haqida mulohaza yuritar, podsho istibdodi yemirilgani, hurriyat shamoli esganini sezar, mushohada etar, inqilobni anglab toʻgʻri tafakkur qilar, inqilob bir bahor kabi uning qalbiga kirib borar edi. Qozon, Ufa, Orenburg gazeta-jurnallarini doʻstlaridan, oshna-ogʻaynilaridan olar, berilib mutolaa qilar edi.

Hozir Umarali arab tilidagi «Sharhi mullo Jomiy» ni takror-takror oʻqir, yodlar, lekin fikri xayoli tagʻin olamdagi voqealar, ahvoli zamon izidan ketar edi.

Hujraning eshigi ohista ochildi:
— Assalomu alaykum, hormasinlar, mulla aka!— Umaralining qarshisida kulimsiragan va ter quygan holda Jumaboy turardi.

Chuqur xayolda oʻtirgan Umarali choʻchib ketdi-yu, lekin mehmonni koʻrgan hamon ochiq chehra bilan oʻrnidan turdi, doʻsti bilan ikki qoʻllab koʻrishib, koʻrpachaga oʻtqazdi.
— Xoʻsh, tor hujraga tiqilib oʻqib oʻtiribsizmi? — Tokchaga terilgan kitoblarga koʻz yugurtirdi mehmon.— Bari arabcha deyman?

Umarali boshini qimirlatdi, — Qur’onning tili deng?— kulimsiradi Jumaboy, keyin jiddiy tusda soʻradi:— Zamon ham, turmush ham oʻzgaryapti, mulla, ruschadan bilasizmi?
— Afsus, aslo bilmayman,— javob berdi Umarali mehmon qarshisida chordana qurib.

Jumaboy arabcha, forscha har qanday oʻqishning, ilmning yaxshiligi, ruscha oʻrganib, rus ma’rifatidan, madaniyatidan ham naf olish zarurligini soʻzladi, keyin ishchilar, masterovoylar tashkiloti haqida gapirdi, oʻzining oʻqish-yozishda tamom savodsizligi, ammo gapda ruscha tuzuk gaplasha olishini aytdi, Umaralining ham ruscha oʻrganishini tavsiya qildi.

Umarali Jumaboyning soʻzini ma’qulladi:
— Yolgʻiz xohish bilan ish bitmaydi... Orzu yurakda choʻkib yotibdi.
— Madrasada vaqf yoʻqmi?— soʻradi Jumaboy.—Vaqfga chiqarilgan yerlardan, doʻkonlardan tushgan mablagʻ talabalarniki, degan gaplarni eshitardim.

Umarali istehzo bilan kuldi:
— Vaqfdan kelgan mablagʻ, goʻyo bir daryo, mudarrislar hamyoniga quyiladi, yuqori talabalarniki.

Jumaboy qoʻlini chakkasiga qoʻyganicha hayron oʻtirardi:
— Shunday deng, mulla, tushundim hamma gapga. A’lam, mudarris, domla — hammasi tekintomoq, kana-da. Hozir madrasaga qadam bosdim-u mudarrislar mullalarning koʻzlari goʻyo tikanday sanchildi menga. Orqamga qaytay dedim, aynadim, xoʻmraysa xoʻmrayib oʻlmaydilarmi dedim-da, hujrangizga chopdim. Orqamdan ivir-shivir qilib qolishdi chamamda.

Umarali Jumaboyning bu gapiga indamadi, mudarrislarni ranjitmaganmikan, ne ish bilan keldi ekan, deya koʻnglidan kechirdi u.
— Choy qilay?— oʻrnidan qoʻzgʻaldi Umarali.
— E, oʻtiring, mulla!— qat’iy e’tiroz bildirdi Jumaboy.— Ozgina gap bor, quloq osing.

Taajjublangan Umarali qaytib joyiga oʻtirdi. Jumaboy ehtiyotlik bilan gapni uzoqdan boshladi.
— Xoʻjayinimiz Saidahmadboyni bilarsiz, balki eshitgandirsiz. Boylar orasida ayniqsa iflosi shu, shaytonga dars beradigan. Yonida bir yugurdak dumi bor.
— Eshitganman ta’rifini,— boshini liqillatdi Umarali.— Qani, gapiring.

Rangi oʻchgan edi uning, lekin ichki titroqni bosishga tirishdi, nima gap, tezroq gapirsa edi, deganday toqatsizlanib Jumaboyga tikildi.
— Boy yaqinda Beshyogʻochdan jannatday bir hovli olibdi, lekin bu joy unga maxfiy bir makon ekan. Tunov kun zavodda bir mojaro boʻldi-yu, bir-ikki kishi boʻlib boyni qidirib qoldik. Yeru koʻkdan topolmadik. Bir doʻstimizning gapi bilan shu pinhon joyga bostirib bordik. Hamma yoq jimjit, darvoza ichidan qulf. Darvozani qoqaverdik, qoʻymadik, axir ochildi-yu, oʻzimizni ichkariga urdik. Bu jahonda misli yoʻq bir bogʻ... Roʻparamizda rangi gezargan Eshonxon paydo boʻldi-yu, darrov yoqasiga yopishdik. Shu payt toʻsatdan xonadan bir qiz otilib chiqdi, paranjisi qoʻlida, yopinishga ham ulgurmagan: «Dod, meni qutqaringlar», deb yolvordi koʻzlari javdirab, keyin darvozaning ochiqligini koʻrdi-yu, oʻzini koʻchaga urdi. Tushundingizmi, mulla? Ajoyib bir qizki, oftobning oʻzi deysiz, husni koʻzni qamashtiradi.. Ana shu pallada bizni koʻrsangiz! Ham hayrat, ham nafrat, achinish, dard... Koʻngillar olovda qovjirab ketdi. Eshonxonni gʻajib tashlagimiz keldi, oʻzimizni bosdik. Shunaqa muttahamlar kambagʻal qizlarni oltin qafaslarga tushiradi, boylarning nafsiga qurbon qiladi. Keyin, qovogʻidan qor yogʻib boy chiqdi. Talabimizni boyga aytib, uni koʻndirdik. Eshonxonda ham, boyda ham tariqday vijdon yoʻq, turgan-bitgani palidlik. Nima qilamiz, juda boʻlmasa gazetaga beramizmi? Maslahat uchun keldim huzuringizga.

Butun borligʻini yoʻqotganday angrayib oʻtirgan Umaralidan javob talab qaradi Jumaboy.
— Bir chora yoʻqmi?—soʻradi u takror.

Umarali boshini quyi solganicha uzoq oʻtirgach, uzun bir soʻlish olib ohista gapirdi:
— Boylar shundoq iflos maxluq. Qaydam, birodar, qoziga aytib, gazetga berib bir najot topib boʻlarmikan? Boylarning har yerda qoʻli uzun.

Jumaboy koʻrgan dahshatli voqeasi, qizning chehrasidagi alam ifodasini bir daqiqa boʻlsin unutolmaganidan tinchligini butunlay yoʻqotgan, qattiq xafa edi. Shu kunlari uning zimmasida katta burchlar, vazifalar boʻlsa-da, jinday fursat topib, doʻsti Umaralini izlab keldi, birgalashib bir chora axtarmoqchi edi. Maxorkani qogʻozga oʻrab tutatdi.
— Eshitishimcha, bu suluv qizga boy xushtor ekan, uni pinhon qoʻlga tushirmoqchi boʻlgan, Gap koʻp, odamlar dam unday deydi, dam bunday deydi.

Umarali battar oqarib ketdi. U endi ichki titrogʻini yashirishdan, ojiz, butun vujudini kemirgan shubha misoli uni boʻgʻib tashlaganday, vahima, qorongʻilik yutib yuborganday his etardi oʻzini.
— Ismi nima ekan qizning, bilolmadingizmi?—soʻradi jur’atsizgina, titragan tovush bilan.

Jumaboy qattiq yoʻtalib olib dedi:
— Otini bilolmadim, ammo qamishday qomati bor, husnini ta’rif qilolmayman, mulla, bunga tilim ojiz;— Bir dam oʻylanib qoldi Jumaboy, keyin davom etdi:— Eshitishimga qaraganda, dukchi chol bor-ku, shuning qizi emish.

Umarali goʻyo yuragida bir narsa uzilganday, toʻsatdan oʻpqonga yiqilganday sezdi oʻzini, qaddi bukildi, boshini ikki qoʻli orasiga olgancha jim qotdi.

Jumaboy: «Bu mendan ham battar ekan, qiz bechoraga achindi-ku», deb oʻyladi.
— Shunday, doʻstim, yomonlar koʻp, kambagʻalni tuyaning ustida it qopadi. Eshonxonday palidlarning boʻynini shartta uzib tashlasak, savob ish qilgan boʻlardik. Mulla, gapiring, chorasi nechuk boʻladi?

Umarali toʻsatdan koʻksini changallagan iztirobdan ezilib ketdi: xafa, dilgir edi qalbiga birdan qon, gʻam, alam toʻlgan edi. U boshini keskin koʻtardi:
— Jahonning ishi goʻyo buqalamunga oʻxshaydi, mavlono Fuzuliy aytganlar:

Doʻst beparvo, falak berahm, davron besukun,
Dard choʻx, hamdard yoʻq, dushman qavi, tol’e zabun.

Bir on sukut etgach, ichdan uh tortdi Umarali:
— Tole, baxt bizdan uzoqda, faqat orzusi yurakda...
— Fuzuliy gʻazallarining ma’nosi chuqur, zavodda bir doʻstim bor, tuzukkina savodxon yigit, Fuzulyyning gʻazallarini yoddan biladi, goho oʻqib koʻngillarimizni ravshanlashtiradi.— Jumaboy bir zum jim qoldi-da, tagʻin davom etdi:—Xalqimizning gʻam-gʻussasi behad-behisob, ammo yolgʻiz ishchilar xaloskorimiz. Tashkilotlar koʻpaymoqda, shoyad mehnatkash ahli yoʻlini topib olsa.
— Jamiki xalq gʻaflat botqogʻida, qaydam, bir narsa qilib boʻlarmikan!
— Rus ishchilari jasur, koʻp narsani tushunadigan, bilgich odamlar. Men shularga ergashaverib, tuppa-tuzuk koʻzim ochilib qoldi, mulla. Endi Eshonxon bilan Saidahmad ustida bir yaxshilab oʻylab koʻring, balki badbaxtlarga bir jazo toparsiz. Bizning hovliga boring, sichqon kovagida oʻtirganday oʻtiravermang, mundoq chiqib, xalqning turmushini koʻring.

Jumaboy xayr-xoʻshlasharkan, Umarali zoʻraki iljayish bilan oʻrnidan turdi. Jumaboy tez chiqib ketdi.

Umaralining xayoli faqat Zumradda edi. «Nahotki falokat roʻy berdi?» dedi yigit oʻz-oʻziga. Tor hujrada gir aylandi. Qalbidagi olov, hasrat toʻlqinini sira bosolmasdi. Hujrani naridan-beri qulfladi-da, madrasani tark etib, shoshilib koʻchaga chiqdi.

U Xadraga yetib, jar boʻyiga tushdi, baland-past yoʻllardan xayol ogʻushida behush uzoq tentiradi. Onda-sonda oʻyinqaroq bolalar, tirikchilik bilan ovora yurgan kattalar koʻrinardi. Yigit xayolida faqat Zumrad. «Nahotki shunday aqlli, farosatli, zukko qiz tuzoqqa ilinsa?— oʻylar edi Umarali va allaqanday shubhalar, gumonlar fikrini ishkal qilardi.— Balki makkor Eshonxon Zumradni aldagandir, oltin-kumush, bogʻ-rogʻlar va’da qilib yoʻldan ozdirgandir?» Umarali ogʻir oʻylarga botgan, ezilgan, hazin holda bir daraxtga suyandi. «Yoʻq,— dedi oʻz-oʻziga tasalli berib,— aslo oʻz istagi bilan bormagan, agar shunday boʻlsa, faryod qilib qochmas edi. Eshonxonning tuzogʻiga tasodifan ilingan. Oh, qani u badbaxtni yanchib tashlasam!..» Umarali koʻksida dam gʻazab, kin toshar, dam muhabbat, gʻam iskanjasida qalbi zirqirar edi. U sekin holsiz yurib ketdi. Pastda koʻpirib jarga tushayotgan suvning gurillashi eshitilardi. Yigitning qalbida ishq toʻlqini shu qadar kuchli ediki, bir nafas orom bermasdi. Umarali ohista yurib qizning eshigi oldidan oʻtdi, hamma yoq jimjit, faqat yuragining gurs-gurs urgani eshitiladi xodos. Shu tobda Umarali Zumradni bir ongina koʻrgisi, ovozini bir daf’agina eshitgisi keldi. Orzuga ba’zan bir zum bardosh berish ham ogʻir boʻlar ekan. «Ey falak, nega gardishing muncha ham teskari!»— deya xitob qildi Umarali dilida va jarlik-balandliklarni oʻtib, katta koʻchaga, yana Xadraga chiqdi.

Guzarda tumonat odam, choyxona ham liq toʻlgan. Aravalar, ot-eshaklar dukuri tinmaydi, somon ortgan tuyalar ketma-ket oʻtadi.

Umarali choyxonaga kirib, orqaroqda oʻtirgan edi, bir chetda maydalab choy hoʻplab oʻtirgan yigitlar, Umaralining oshiq oʻynab, chillak oʻynab, birga ulgʻaygan bolalik oʻrtgoqlari — koʻnchi yititlar qoʻyarda-koʻymay uni oʻz davralariga tortdilar.

Ichki kechinmalarini bosishga tirishgan Umarali bir yigitning uzatgan piyolasini qizarib-boʻzarib bazoʻr boʻshatdi.

Chapaninamo koʻnchi yigʻit gap qotdi:
— Yoshlikda chillakni xoʻp oʻynar edik, usta edingiz, lekin qamish sibizgʻani birortamiz sizchalik chala bilmasdik. Qarabmizki, mana, mulloyi kalon boʻlibsiz!

Yigitlar sharaqlab kulib yuborishdi. Bularning ham dardi qimmatchilik, tirikchilik xarxashasi.
— Boy koʻnchilar haddan tashqari boyib ketyapti, mehnat faqat bizlarda, malaymiz-da, turmushimiz — it turmush,
— Katta salla boshga yuk, katta kalla gʻamga kon, degan gap bor. Bizning kallamiz ham, koʻksimiz ham gʻamxona boʻlib qoldi. Podshodan qutuldik, hurriyatga chiqdik, deb quvondik. Qani endi halovat, na nonga toʻyamiz, na oshga!— shikoyat qildi tagʻin bir yigit.

Endi Umarali ohista, vazmin soʻzga kirishdi:
— Rafiqlar, Nekalaydan qutulganimizga ming qatla shukur. Hozir qahatchilik avjda, harbning dahshati kun sayin ortmoqda, ammo fahmimda ishchilar bizga najot keltiradi.

Umarali shu kunlari bilgan, eshitganlarini, ishchilar jamiyati haqidagi fikrlarini shoshmasdan, past ovoz bilan gapirdi. Soʻng zarur ishi borligini aytib, ketishga ijoeat soʻradi.

Yigitlar qoʻl qovushtirgan holda chuqur ta’zim-la Umarali bilan xayrlashdilar...

Umaralinnng xayol oynasida yana sevgilisi paydo boʻldi. Yigit koʻksida koʻr boʻlib turgan ishq oʻti yana lov etib alangalandi; koʻnglidagi gʻam, kin, azob borgan sari chigillanardi.

II- qism
 
Keyingi