OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOydin Sindor oʻgʻli
Asar nomiErgash Jumanbulbul qanday vafot etgan?
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Oydin Sindor oʻgʻli
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ergash Jumanbulbul qanday vafot etgan?
Oydin Sindor oʻgʻli

Xalq baxshisining soʻnggi kunlari haqida yangi xotiralar

Oʻtgan XX asrda ham biri-biridan ulkan salohiyatli xalq oqinlari ijod maydonida paydo boʻlib, oʻzlaridan bizga katta meros qoldirdilar. Qoʻrgʻon folklor maktabining zabardast, alp vakili Ergash Jumanbulbul oʻgʻli shunday oqinlarimizdan biridir. Ergash shoir zamonamizning buyuk dostonchisi, mohir san’atkori, xalq orasida «Bulbul» nomi bilan mashhur badihagoʻy ijodkor edi. Bu ulugʻ xalq shoiridan bizga toʻqqizta an’anaviy, ikkita zamonaviy doston, bir dostonning mazmuni, juda koʻp termalar, ikki fotosurat, xalq baxshilari va dostonchilik san’ati haqida aytgan ajoyib fikr­lari yodgorlik boʻlib qoldi. Ergash otaning oʻzi toʻgʻrisida aytib qoldirgan mana bu baytlarida aslo lof, mubolagʻa yoʻq, balki ayni haqiqatdir:

Men chechanman, oʻzim soʻzning ustasi,
Mendan qolgan katta shoir nusxasi.
Yetti pushtim bari shoirga katta,
Ularning soʻzining yoʻqdir qisqasi...

Shoirning aytganicha bor. Qoʻrgʻon dostonchilik maktabi uch asrdan koʻproq vaqt mobaynida suyak surib kelyapti. Yodgor baxshi, Jumanbulbul, Tillo kampir, Sulton momolarning avlodlari hozir ham oqinlikni davom ettirib kelyaptilar. Tomirida baxshi bobolari qoni joʻsh urib, she’rlar yozayotgan Komil Sindorov aytganidek, Qoʻrgʻon zaminida «Hatto qizgʻaldoqning biyron tili bor, Qoʻrgʻonning bir emas, koʻp bulbuli bor». Ularning orasida, ayniqsa, Ergash Jumanbulbul, Poʻlkan shoir, Rahmatullo Yusuf oʻgʻli alohida ajralib turadi. Ularning doʻmbiralaridan taralgan taronalar elimiz ma’naviyatini obod qilib kelmoqda. Ergash ota XVII asrda oʻtgan Yodgor baxshi sulolasining XX asrdagi zuryodi edi.

Mening otam Sindor — Quvondiq baxshining oʻgʻli boʻlgan. U kishi oʻz davridagi baxshilar, xalq shoirlari haqida koʻpgina qimmatli xotiralarni soʻzlab bergan. Shulardan bir-ikkitasini aytib beray. Ma’lumki, Ergash Jumanbulbul oʻgʻli 1936 yilning oxirlarida Toshkentga kelgan. Xalq shoirlari bilan bu yerda katta uchrashuvlar uyushtirilgan. Birinchi shunday anjumanda atoqli folklorshunos olim Xodi Zarif ularni bitta-bitta tanishtirishi kerak edi. Boshlab Poʻlkan shoirdan: «Kimsiz, qaerdansiz?» deb soʻragan. «Men Xatirchidan» degan baxshi. Keyin bulungʻurlik Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, kitoblik Abdulla shoirlar oʻzini tanishtirishgan. Navbat Ergash boboga kelganida, u doʻmbirani qoʻlga olib, kuylay boshlagan:

Rayonim Nurota togʻlar orasi,
Otim Ergash Jumanbulbul bolasi.
Qaridimmi desam koʻnglim qolasi,
Tobora oshadi yoshdan havasi...

Zalni olqishlar, guldiros qarsaklar tutib ketgan. Ergash ota ana shunday chechan, badihagoʻy baxshi edi.

Ergash bobo 1937 yilning apreligacha Toshkentda yashagan. Xodi Zarif undan «Dali», «Xush keldi», «Ravshan», «Qunduz bilan Yulduz» dostonlarini yozib olgan.

Xodi Zarif Ergash Jumanbulbul oʻgʻlini Toshkent shahri boʻylab olib yurib, sayohat qildirgan. Uning «Toshkent ta’rifi» degan mashhur termasi ana shu sayohat taassurotlari asosida yaratilgan. Bugun, mustaqillik davrida Toshkent deyarli qaytadan qurilib, dunyoning eng goʻzal shaharlaridan biriga aylanmoqda. U har kuni bir chiroy ochyapti. Ergash boboning:

Toshkent obodligi haddidan oshgan,
Oʻzbekiston Markaziga yarashgan.
Koʻrmaganlar koʻrsa, aqli shoshgan,
Xoʻp qidirib, obdon bilgali keldim

degan ajoyib satrlari xuddi bugungi Toshkent haqida aytilganday sado berib turibdi.

Ergash Jumanbulbul oʻgʻlining Abduxalil degan ukasi boʻlgan. Afsuski, u oʻsmirlik yoshida olamdan oʻtgan. Otamning aytishicha, u bolaligidayoq doʻmbirani sayratib chalgan, nihoyatda baland xushovoz sohibi boʻlgan ekan. Buning ustiga, uning oʻtkir xotirasi hammani hayratda qoldirgan. Kattalardan butun-butun dostonlarni bir eshitishdayoq yod olib, davralarda emin-erkin kuylagan. Ergash ota «Kunlarim» dostonida eslab aytganiday, u doʻmbirada dostonlarni kuylaganda tinglovchilarni ogʻziga qaratib qoʻygan. Abduhalil 19 yoshida, tun allamahalda, katta bir davrada «Yakka Ahmad» dostonini kuylayotib, hushdan ketgan. Abduhalil aprel-may oylarida koʻz ochmay yotib iyun oyida vafot etgan. Ergash Jumanbulbul oʻgʻli shundan keyin dostonda nodir qobiliyatli ukasining hayotdan yosh ketganligini kuchli dardu nolalar bilan baytlarga soladi.

Otam — Sindor Quvondiq oʻgʻli Ergash ota hayotining soʻnggi kunlariga taalluqli yana ayrim voqealarni aytib bergan edi. Ergash Jumanbulbulni 1937 yilning aprelida Toshkentdan qishlogʻiga kuzatib qoʻya turib, Xodi Zarif uning qoʻliga 100 varaqdan iborat yirik bir daftarni bergan va poezdga chiqarib qoʻygan. Ergash ota oʻz vatani — Qoʻrgʻon qishlogʻiga kelib, shu daftarga dostonlar va toʻqigan termalarini yoza boshlagan. Qisqa muddatda daftarni toʻldirgan. Keyin, 1937 yilning may oyi boshlarida Toshkentga borib, Xodi Zarifga shu daftarni topshirayin deb yoʻlga otlangan. Qoʻrgʻon qishlogʻidan chiqib, yoʻl-yoʻlakay oshnalarinikiga bir-bir kirgan. Jizmon qishlogʻida boʻlgan, keyin Payshami qishlogʻiga oʻtgan. Payshami qishlogʻidagi birodarining uyiga Poʻlkan shoir, Islom shoirni ham taklif etgan. Qishloq aholisi oʻrtasida uch shoir doston va termalar aytishgan. Keyin ular Ergash otani Kattaqoʻrgʻonga kuzatib qoʻyishgan.

May oyining ilk yomgʻirli kunlarida choponi yomgʻirda ivib Kattaqoʻrgʻon vokzaliga yetib kelgan. Ammo puli yetishmaganmi, provodnik uni vagondan tushirib qoldirgan. Oqin shu yerda qattiq shamollab kasal boʻlib qolgan. Daftar vokzalda yoʻqolgan. Tanigan-bilganlar uni Qoʻrgʻonga kuzatib qoʻyishgan. Ammo Ergash ota yoʻlda holsizlanib, Sindor amakisining uyiga bir amallab yetib olgan.

5-6 may kunlari Sindor amaki, uning soʻroviga binoan eshakka mindirib, Qoʻshtamgʻali qishlogʻidagi kuyovi Turdimnikiga olib borgan. Oqin shu qishloqda bir hafta ogʻir yotib, 1937 yilning 11 may kuni kechasi vafot etgan... Shu qishloq qabristoniga dafn etilgan.

Men, aslida, maktablarda boshlangʻich sinf oʻqituvchisi boʻlib ishlaganman. Lekin Ergash Jumanbulbul boboning ijodiga bolalikdan mahliyo boʻlib keldim. Buyuk oqinga shu tuganmas mehr-e’tiqodim tufayli 70-yillarda bir xayrli ishga qoʻl urdim. Qoʻshrabot, Xatirchi, Payariq, Ishtixon tumanlarida boʻlib, Qoʻrgʻon, Qoʻshtamgʻali, Qorakissa, Tepalik, Joʻsh, Oq machit qishloqlarini bittama-bitta kezib, Qoʻrgʻon dostonchilari yashab oʻtgan davrlardan yodgor boʻlib qolgan osori atiqalarni — kiyim-kechak, doʻmbira, qoʻlyozmalar, tangalar, shuningdek, plakatlar, suratlarni toʻpladim. Ularning orasida Ergash otaga taalluqli buyumlar — shoirning doʻmbirasi, qalamdoni, Buxoro madrasalarida oʻqigan davrdagi sandiqchasi, choponi, koʻrpa-yostiqlari, kiygan kalishi, oʻzi yasagan sandal, ov miltigʻi, qoʻl tegirmoni (yargʻichogʻi) ham bor edi. Shunday qilib, uyimning bitta xonasini Ergash Jumanbulbul oʻgʻli uy-muzeyi sifatida bezatdim.

Nihoyat, 1978 yilda Ergash boboning 110 yilligi nishonlanadigan boʻldi. Shu munosabat bilan Qoʻrgʻonda uy-muzey uchun joy ajratildi. Katta muzey binosi qurildi. Bisotimni u yerga koʻchirdim. Atrofida turli mevali daraxtlar olib kelib, bogʻ koʻkartirdim. Shoirning Qoʻshtamgʻali qishlogʻidagi hoki koʻchirib keltirildi. Bogʻda shoirning haykali qad rostladi. Koʻp yillar shu muzeyda ishladim. Yana qancha qoʻshimcha osori-atiqalarni toʻpladim. Ularning soni 3 mingtadan oshib ketdi. Muzey-yirik tarixiy xazinaga aylandi. Hozirgi kunda yoshim 70 dan oshganligi sababli, muzeyni va uning atrofidagi bogʻ nazoratini kelinim Saodat Sindorovaga ishonib topshirdim. Muzeyga keluvchilar yil sayin koʻpaymoqda.

2008 yilda Ergash Jumanbulbul tavallud topganiga 140 yil toʻladi. Shoir asarlari vatanimiz, xalqimiz ardogʻida. Uning besh kitobdan iborat «Bulbul taronalari» asarlar majmuasi nashr etildi. Buyuk xalq shoirining nomi va undan qolgan badiiy durdonalar bundan keyin ham millatimizning ma’naviy rivojiga xizmat qilaveradi. Elimizda Bulbul taronalariga maftunkorlik hech qachon soʻnmaydi.