OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Oydinniso. Hayot daraxti (qissa)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOydinniso
Asar nomiHayot daraxti (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Oydinniso
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm33KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 3-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hayot daraxti (qissa)
Oydinniso

«
Ushbu yozilmani yuragimda bolalikni uygʻotgan
oʻgʻlim Solihga bagʻishlayman.
»

Tushlaringni Davolatamiz

Men bu daraxt niholini tushlarimdan oʻgʻirlab olgan edim...

Onamga aytganimda ishonmagan. Oʻzi kattalar shunaqa, rost gapirsang ustingdan kulishadi.

Mayli, onam ishonmasa ishonmas. Mayli, niholni oqshom qoʻlimda ushlab yotganman-u, esimdan chiqib ketgan, deya qolay... Lekin qaerdanam topganman bu antiqa niholni?.. Uni koʻtarib tushdan tushga, tushdan oʻngga yugurganim-chi?!
– Bu nihol emas, choʻp, – dedi onam.
– Nihol! – deya soʻzimda turib oldim. – Daraxt niholi!

Oʻsha kezlari qaysidir bir kitobda «hayot daraxti», degan iborani oʻqigan edim. «Hayot daraxtining niholi» deb nomladim topildigʻimni. Keling, hozircha shunday boʻlaqolsin. Unib ketsa, ehtimol, nomini oʻzgartirarman.

Uyimizda gultuvak koʻp edi. Eng bejirimini tanlab, ichini yumshoqqina tuproqqa toʻldirdim. Hovlining bahavo yeriga qoʻyib, unga niholni ekdim, keyin har kuni sugʻorib parvarishlay boshladim. «Bu choʻp emas, nihol!» derdim ishonchimni mustahkamlab, oʻzimga tasalli berib. Axir, nihol vujudidagi daraxt bilan tushimda gaplashganman! U yorugʻ dunyoga chiqishni, tomir yoyib boʻy choʻzishni qanchalar istashini aytgan. «Menga egalik qil», degan. U mendan yordam kutgan ilk mavjudot. Modomiki, mening egalik qilishimdan unga naf bor ekan, nega koʻnmayin?

Oradan haftalar oʻtib...
– Oyi, oyi, – deya yugurdim oʻpkamni qoʻltiqlab, – niholim olibdi!!!

Onam uyquli koʻzlarini ishqalab, soʻradi:

Qanaqa niholing?
– Hayot daraxtim!

Onam kulimsiradi:
– Yur-chi, koʻraylik qani.
– Siz koʻrolmaysiz uni, oyi. U tushimda, koʻl boʻyida barg yoyib turibdi.

Onam tashvishlanib, meni bagʻriga bosdi:
– Seni doʻxtirga olib bormasam boʻlmaydi.
– Doʻxtirda nima qilaman, soppa-sogʻman-ku!
– Tushlaringni davolatamiz.

Borliging – Baxtim

Xayriyat, onam roʻzgʻor yumushlari bilan boʻlib unutdimi, tuppa-tuzuk chopqilab yurganimni koʻrib koʻngli joyiga tushdimi, «tushlarimni davolatish»ga olib bormadi. Men esa har kuni oʻngimda uxlab, tushlarimda uygʻonardim. Biroq bu haqda hech kimga ogʻiz ochmasdim.

Chindan baxtli edim! Baxtli boʻlish uchun menga tushlarimning oʻzi kifoya. Tushlarimda daraxtimni koʻraman. Hayot baxsh etganim – hayot daraxtimni! Uni parvarishlayman, asrab-avaylayman.

Havoning avzoyi buzilgan kunlari daraxtimni tuvagi bilan xonamga olib kiraman. U hali judayam moʻrt, nozik, izgʻirinda qolmasin, deyman. Oftob charaqlagach, yana hovliga olib chiqaman: daraxtim quyosh nuridan bahra olsin. U hali oʻsishi kerak, deyman.

Bu gʻamxoʻrligim uchun tunda «rahmat» eshitaman. Sodda daraxtcham bilmaydiki, uning borligi – mening baxtim! U menga yaxshilik qilish imkonini berdi. Axir, dunyoda kimgadir kerakliging, yaxshilik qilishing mumkinligini his etib yashashdan ortiq baxt bormi?!
– Nima qilyapsan? – deb soʻrab qoladi ba’zan onam gultuvak atrofida timirskilanib yurganimni koʻrib.
– Gul ekmoqchiman, – deyman.

Kattalarning rost gapga ishonishi qiyin, biroq yolgʻonga oson ishonadilar.

Qaysisi Kimning Yulduzi?

Niholim boʻy choʻzib qoldi, endi himoyamga muhtoj emas. Faqat parvarishlasam bas. Kunduzlari tuprogʻini yumshataman, vaqt-vaqti bilan oʻgʻit solaman, sugʻoraman. Kechalari esa tushlarimda uygʻonib, u bilan dardlashaman. Unga she’rlar toʻqiyman:

Sen — har kecha koʻzimga choʻkkan
shirin tushsan.
Tushlar — mening umrim.
Oʻngda uxlab,
tushda uygʻonaman men
borliging uchun.

Hayot daraxtimni topguncha yolgʻiz edim. Endi undan boʻlak hech kimim yoʻq. Ochigʻi, undan boʻlak hech kim meni tushunmaydi, men – hech kimni. Men qiziqqan narsalarga kattalarning kulgisi qistaydi, kattalarning yelib-yugurishlari esa menga qiziqmas.

Daraxtim va men osmonga – yulduzlari bodroqday porloq nofarmon gumbazga qaraymiz. Yulduzlar chamani oralab yulduzimizni izlaymiz. Hamma yulduz porloq, hammasi yashnoq. Biroq ulardan bittasi, ha, faqat bittasi yurakka yaqin. Ikkalamiz bitta yulduzni tanlaymiz.
– Mayli, seniki boʻlaqolsin, – deydi daraxtim. – Menga hayot baxsh etganing, parvarish qilganing uchun shu yulduz senga sovgʻa.
– Yoʻq, – deyman, – qarzdorman, deb oʻylama. Seni yaxshi koʻrganim uchun meni yaxshi koʻrishga, tushunishga mahkum emassan. Sen borsan – men dunyoda sogʻinguvchi, orziqib oshiquvchi hilqat bor! Demoqchimanki, men uchun hayot bor! Hech kimni kutmay, yaxshi koʻrmay, e’zozlamay yashab boʻlarkanmi, axir?!

Tongotarda shabada esadi, koʻl sathi ohista chayqaladi, mavjlarida botayotgan oy oʻynaydi. Daraxtimning toʻrt faslda birday ochilib turguvchi gullari jilmayib koʻz qisadi. Gurkiragan yam-yashil barglari qoʻl silkib, men bilan xayrlashadi.

Koʻzlarimni ochgim kelmaydi. Biroq tong otadi, yuragimda esa kun botadi. Hamma uygʻonadi, men koʻzlarimni ochib, uyquga ketaman. Daraxtimdan olislashgan lahzada hayot toʻxtab qoladi. Kunduzlari yashamayman, faqat uning yodi bilan bandman. Yashash uchun tunni, tushlarimni kutaman.

Tushlarimni Yoʻqotib Qoʻydim

Bir oqshom daraxtim yonida ikkita sharpa paydo boʻldi. Biri boʻychan, keng yelkali, ikkinchisi nozik, uzun sochlari shamolda hilpiraydi.
– Ukam kunduzi seni koʻrganini aytdi, – dedi boʻychan sharpa. – Uning seni koʻrgan koʻzlariga toʻyib-toʻyib termildim.

Doʻrillagan ovozda aytilgan esa-da, hislar nozikligidan yuragim daryoday tebranib toshdi. Daraxtim ildizigacha titrab ketdi.

Koʻp oʻtmay sharpalar xayrlashdi. Chirmashib ketgan koʻngillarini bir-birlaridan uzolmay ajralishdi. Daraxtim bilan tonggacha ogʻiz ochmadik. Zavqdan-da zavqliroq bir hisdan yuragimiz sarmast edi. Zavqli voqea yakun topgan, biroq u yuragimizda endi boshlanganday edi.

Shundan soʻng sharpalar har oqshom kelardi. Endi biz yulduzlar qolib, ularni tomosha qilardik.
– Kecha kun boʻyi tushgan suratimizni tomosha qildim. Qoʻlingga tegib turgani uchun rasmdagi qoʻlimga havasim keldi. Qaniydi, lahzalarni qotirib qoʻyishning iloji boʻlganida...
– Iloji boʻlganida, mana shu lahzalardan na oʻtmishga, na kelajakka siljimagan boʻlardim. Umrbod shu... ha, faqat shu lahza ichida yashashga rozi edim...

Sharpalarning shaffof xayollari, orzu-umidlari, his-tuygʻulariyu sirlarini asrab-avaylashni daraxtim ikkimiz oʻzimizga burch, deb bilardik.
– Hammasi tugadi, – deb qoldi bir tuni daraxtim.

Negadir uning ovozi gʻamgin edi. Uygʻondimmi? Tushlarimning tersidan chiqdimmi, deb oʻyladim.
– Tushunmadim, nima tugadi? – deb soʻradim.
– Ularning orzu-umidlari.

Gap kim haqida ketayotganini payqadim. Yuragim orqaga tortdi. Oʻzimni bosishga urindim. Daraxtimni yupatish uchun xotirjamroq boʻlishim kerak edi. Unga taskinli soʻz aytish ilinjida quchoq ochgan edim... koʻksidan tirqirab oqayotgan qonni koʻrib qoldim!
– Senga nima boʻldi?! – dedim oʻtakam yorilib.
– Tegma! – deya shoxlari bilan yarasini yashirishga urindi. – Ulardan esdalik boʻlib qolsin bu.
– Yoʻq, seni bu ahvolda tashlab qoʻyolmayman! Sen hayotimsan! Hayotimga bir gap boʻlsa...

Oʻngimga qarab yugurdim. Daraxtimga yordam berishim shart! Qanday boʻlmasin, qonni toʻxtataman!
– Bolam, bolajonim, qoʻrqma, men yoningdaman!..

Koʻzimni ochsam, onam boshimni silab oʻtiribdi. A’zoi badanim terga botgan. Onamning qoʻlini manglayimdan olib, oʻrnimdan sapchib turmoqchi boʻldim. Ammo majolim yetmay, yotib qoldim.
– Oyi, menga hoʻl latta bering, uni qutqarishim kerak! – dedim hovliqib.
– Kimni? – hayron boʻldi onam.
– Hayot daraxtimni!

Onam meni opichlab, shu zahotiyoq doʻxtirga olib ketdi. «Men tushlarimga qaytishim kerak!» deya xarxasha qildim. Doʻxtir nordon suyuq dori ichirdi. Shundan soʻnggina uxlashimga ruxsat berdi.

Tushlarimni yoʻqotib qoʻydim! Ularni topay deb ertayu kech koʻzimni yumib yotaman, biroq tushlarim yoʻq! Izillab tun bagʻrida izgʻiyman, yoʻq! Endi qanday yashayma-an?!

Yigʻlashga qoʻrqaman: tushim koʻzlarimning toʻriga ilinib turgan boʻlsa koʻz­yosh­larim yuvib yubormasin! Hayot daraxtim ekilgan tuvakni keltiring, deya olmayman: u yarador, yoʻlda urinib qolsa-chi?! Biroq suvsizlikda qurib qolishi ham mumkin...

Bir oqshom payt poylab shifoxonadan qochdim...

Jiddiy Ish

Kunlar emaklab oʻtdi. Kunlar ketidan haftalar sudralib oʻtdi. Faqat men oʻtmadim! Chunki yaydoq sahrodek koʻnglimni sagʻir ilinj tark etmagan. Tushlarimni, albatta, topaman! Hayotimni topaman!

Va... topdim! Bir kecha yana tushlarimda uygʻondim! Hayotimni – hayot daraxtimni topdim! U tirik! Umidim oqlandi, tirik! Uni bagʻrimga bosdim. Bagʻrimga bosib, koʻzlarimni yumib chuqur-chuqur nafas oldim – u qon-qonimga singib ketdi. Endi tomirlarimda oqib tursa-da, uni sogʻinaverdim, sogʻinaverdim...

Ha, sogʻinaverdim! Chunki undan aslini – bir paytlar zavqi moʻl hayot daraxtimni topa olmadim. U koʻksiga, naqd yuragiga oʻyib, qonlarini tirqiratib yozilgan «A + D = S» yozuvini koʻz-koʻzlayotgandek qilt etmay turardi.
– Haliyam oʻsha sharpalarni eslab turibsanmi? Meni hech sogʻinmadingmi? – soʻradim koʻzlariga moʻltirab qarab.
– Bilasanmi, men jiddiy ishlar bilan shugʻullanishim kerak, – javob berdi u.

Qotib qoldim: nahot uning kattalardan farqi qolmagan boʻlsa?
– Qanaqa jiddiy ish? – soʻradim bir muddatdan soʻng boʻshashib.
– Oʻzim ham bilmayman. Shu paytgacha hayotda burchim borday edi. Kechalari sen bilan shirin xayol surish, sharpalarning orzu-umidlarini asrash... Kunduzlari bolalar boshiga soyabon boʻlish, ularning boshidagi begʻubor oʻy-xayollarini oftob tigʻidan saqlash... Tabiat goʻzalligini his etish ham mening burchim edi. Axir, u his etilish uchun yaralgan-ku! Bu ishlarning jiddiyligiga ishonardim. Borliqni oʻzimning borligimga oʻrgatib qoʻydim, endi hamma-hammasining taqdiri uchun javobgarman, deb oʻylardim.
– Hozir-chi? Hozir ham shunday emasmi?
– Afsuski... Hayotimning mazmunli oʻtayotganiga shubham bor.

Oʻsha tuni daraxtim tinmay savol berdi: «Jiddiy ish deganlari qanaqa boʻladi oʻzi? Odamlar hayot goʻzalligidan zavq olish oʻrniga vaqtini qizgʻanib, qaerga shoshadilar?» Oʻzim ham oʻylab oʻyimga yetolmayman, bu savollarga javobni qaerdan izlayin?

Keyin bilsam, uni yoʻqlab kelmagan kunlarimning birida shamol daraxtimning qulogʻiga gap solib ketibdi: «Behuda xayol surguncha jiddiy ishlar bilan shugʻullansang boʻlmaydimi, telba xayolparast!»

Daraxtim men kabi oʻylardi. Shirin xayollargina haqiqiy hayotdir, der edik biz. Biroq shamolning gapidan uning koʻngliga gumon oralabdi.

Soʻng... oʻsha mudhish tunda – tushimga qaytishimdan bir oz oldin sharpalar vidolashishgan. Yigit: «Koʻzing tushsa, meni eslaysan», deb daraxtimning koʻksiga yozuv yozgan. U qizga hali jiddiy ishlar bilan shugʻullanib, boyib ketajagini aytibdi.

«Bir-birini sogʻinib yashaydigan ikki dil uchun diydordan ortiq jiddiy ish bormikan dunyoda?»

Yana bir kunduz daraxtim soyasida beshtosh oʻynab oʻtirgan qizaloqni onasi koyibdi: «Terakday boʻying bilan ertadan kechgacha oʻyin oʻynashga uyalmaysanmi? Sal jiddiyroq boʻlsang-chi endi. Uyga kirib darsingni qil!»
– Dunyo kezgim kelyapti! – deb qoldi daraxtim. – Qaniydi oyoqlarim boʻlganida, ildizimni tuproqdan uzib, sayohat qilardim. Koʻrmaganlarimni koʻrib oʻrganardim, jiddiy ishlar bilan shugʻullanardim.
– Sening bu dunyoda borliging – eng jiddiy ish! – dedim men.

U inkor etdi:
– Zarrin nurlaridan bahramandlar boʻlmasa, Quyoshning nur sochishidan ne foyda?
– Biroq bundan Quyoshga ne zarar?

Oraga jimlik choʻkdi. Qarasam, daraxtim soʻlgʻin. Yana tushuntirishga urindim:
– Men uchun sen borsan, sen uchun men! Biz birgalikda baxtiyormiz. Senga mening, menga sening mavjudligimiz kifoya. Yana qanday jiddiy ish kerak senga?
– Meni hayot daraxti, deysan-a, – oʻychan javob berdi u. – Lekin kecha haqiqiy hayot daraxti haqida eshitdim. Uning shoxlarida zangor va oltin tusli mevalar yetilarkan. Oltin ranglilari «yaxshilik mevalari», zangorilari esa «yomonlik mevalari», deb atalarkan. Mening hatto mevam ham yoʻq.
– Axir, sen toʻrt faslda birday gullab turasan-ku. Hammaning bahri dilini ochasan. Koʻksingdagi yozuv-chi. Uni, u bilan birga oʻsha sharpalarning eng goʻzal xotiralarini asrayotganing jiddiy ish emasmi? Shoxingdagi hayot qushiga qara! Unga yashash uchun bagʻringdan joy berganing-chi, buyam foydali ish emasmi?

Gapirib turganimda yoʻldan bir toʻpori oʻtkinchi bolasini ergashtirib oʻtib qoldi. Bolakay hayot daraxtimni koʻrsatib, hayajon bilan qichqirib yubordi:
– Dada, dada, anavi daraxtni qarang, yam-yashil! Qishda ham gullab turarkan-a, bu!
– Men jiddiy odamman, bunaqa mayda-chuydalarni tomosha qilib oʻtirishga vaqtim yoʻq! – dedi toʻpori oʻtkinchi yoʻldan koʻzini uzmay. – Sengayam jiddiyroq boʻlishni maslahat beraman!

Koʻzyosh Toʻkib Boy Boʻlaman

Daraxtim yillar karvonini ma’yus kuzatdi. Endi uning oldiga sharpalar kelmay qoʻygandi. Yoʻq, toʻgʻrirogʻi, ularning oʻrnini endi boshqalari egallagandi. Beshtosh oʻynayotganlar ham avvalgi bolalar emas. Oʻtkinchilar ham begona. Daraxtim Tangriga iltijo qilib yashardi: «Menga oyoq ato et, dunyo kezay. Sharpa, bola, oʻtkinchi tanishlarim va boshqalar qanday jiddiy ishlar bilan shugʻullanayotganini koʻrib kelay!»

Nihoyat, kun yetib osmonu falakdan amru farmon keldi:
– Hayot daraxti! Chin dildan soʻralgan orzu ushalmay qolmagay. Men orzuingni ushaltiraman. Bugundan boshlab jisming har lahza tepaga oʻsadi. Ya’ni, falakka sayohat qilasan. Dunyo kezishing uchun imkon – uchqir xayol beraman. Har gal shamolni yuborganimda u xayollaringni olib uchib, istagan manzilingga yetkazadi. Xayollaringni birov koʻrmaydi, biroq sen hammani koʻrasan. Koʻngillarga, oʻy-fikr, orzu-umidlarga doxil boʻlib, odamlarni oʻrganishing mumkin. Boʻying lahza sayin oʻsaveradi. Qachonki izlaganingni topsang, shunda oʻsishdan toʻxtaysan.

Daraxtim rozi boʻldi va shu lahzaning oʻzidayoq boʻyi yetmish quloch oʻsdi. U boʻynini choʻzib, bir paytlar jiddiy ish bilan shugʻullanmay xayol surgani uchun kattalardan gap eshitgan boʻychan, keng yelkali sharpani qidirdi. Topdi! Daraxtimning xayollari tanasidan sirgʻalib chiqdiyu, shamolning qanotiga ilashib oʻsha tomon uchib ketdi.

Sharpa son-sanoqsiz koʻlmakchalarda koʻz ochgan bir-biridan goʻzal nilufargullarga termilib, yum-yum yigʻlardi.
– Nega yigʻlayapsan? – soʻradi daraxtim uning xayollaridan.
– Koʻzyoshimdan koʻlmak hosil boʻlsin, deyman.
– Koʻlmakni nima qilasan?
– Nilufargul oʻstiraman.
– Nilufargulni nima qilasan?
–Sotib pul topaman. Boy boʻlaman! Manavilarni qara, – nilufargullarni koʻrsatdi sharpa, – hammasi mening koʻzyoshlarimdan unib-oʻsyapti.
– Koʻzyosh toʻkib boyimoqchimisan?
– Nima boʻpti? Men endi jiddiy odamman! Ishning koʻzini biladigan odamlarning hammasi shunday qiladi. Vaqtini bekor sarflamaydi, xas-choʻpdan, hatto koʻzyoshdan ham foyda topishni biladi.
– Lekin... qanday qilib yigʻlayapsan? Yigʻlash uchun yo iztirob chekish yo xursand boʻlish kerak-ku...
– Bu qiyin emas. Men yigʻlashga odatlanib qolganman, yigʻisiz yasholmayman. Koʻzyosh ham menga oʻrganib qolgan, shekilli, chorlasam, quyilib kelaveradi.
– Qanday chorlaysan?
– Eslayman.
– Nimani?
– Oʻtgan kunlarimni. Huv oʻsha... sen guvoh boʻlgan xushvaqt oqshomlarni. Keyin esa... daydi itday haydalgan kunimni. «Necha marta aytdim senga odam boʻlmaysan deb! Roʻzgʻor tutish tugul, kuningni koʻrishga ham yaramaysan, sen xayolparast! Ket! Senga qizini beradigan ahmoq yoʻq!» degan gaplar quloqlarim ostida jaranglaydi. Soʻng koʻzlarimga quyilib yigʻi keladi. Endi ket, xalal berma, men yigʻlab olay. Hali koʻzyoshlarimda koʻp nilufargullar oʻstiraman. Bu koʻlmaklarda baliq boqish rejam ham bor. Koʻrib qoʻyishadi hali, qanday jiddiy odamligimni! Boyib ketay, yonlaridan salom berib oʻtaman!

Shunday deb sharpa hoʻng-hoʻng yigʻlashga tushdi. Daraxtimning xayoli joyidan jilmadi. Biroq xalal bermaslik uchun nafasini ichiga yutdi. Koʻzyoshlardan birpasda koʻlmak hosil boʻldi. Yigʻidan tingach, sharpaning yuz-koʻzida tabassum jilvalandi.
– Zoʻr ish boʻpti-ku, joʻra! – dedi u daraxtimning xayoliga. – Keyingi paytlarda bunday katta koʻlmak hosil qilolmagandim. Qiynalib yigʻlayotuvdim. Sen dardimni yangilab berding, har kuni kelib tur. Aytib-aytib yigʻlasam, tezroq boyib ketarkanman.
– Lekin... bunday yashashga uyalmaysanmi?

Sharpa jiddiy tortdi.
– Bunday yashashim uyatligini unutish uchun ham koʻproq yigʻlayman, – dedi u va koʻzlariga yosh quyilib keldi.

Hayot daraxtimning xayoli sharpani xoli qoldirib, tanasiga qaytdi. Toʻyib-toʻyib termilmoqchi edim, u koʻzlarimga sigʻmadi. Ha, koʻzlarimga sigʻmadi u! Juda-juda yuksalib ketibdi! Uzundan-uzun boʻyiga yarashmagan alfozda battar oʻychan boʻlib qolibdi.
– Nahot sharpaning jiddiy ishi hayotdan zavqlanib yashashdan afzalroq boʻlsa?! – soʻradi u mendan.

Javob izlab topishga ulgurmadim – tong otib qoldi. Oʻngimga qaytishga majbur edim.

Soyamga Salom Berding

Ertasiga yana shamol keldi. Daraxtimning xayoli toʻpori oʻtkinchini qidirib yoʻlga tushdi. Huv oʻsha, daraxtimga qayrilib qarashdan vaqtini qizgʻangan jiddiy toʻporini. Qani, u qanday jiddiy ish bilan band ekan?

Ana, koʻrdi! Toʻpori oʻtkinchi bir qutichani qoʻltiqlab, ildizsiz shamolday u yoqdan bu yoqqa yelib-yugurardi. Uni tutish oson boʻlmadi. Koʻp urinib, nihoyat etagidan ushlab oldi va soʻroqqa tutdi:
– Bu qutingda nima bor?
– Fikrlar, – javob berdi oʻtkinchi.
– Uni nima qilmoqchisan?
– Xalqqa oshkor qilaman.
– Keyin nima boʻladi?
– Meni dunyoni oʻzgartirdi, deb tan olishadi.
– Dunyo oʻzgaradimi?
– E-e, dunyoni oʻzgartirib boʻlarmidi! Menga nima ish qilayotganim emas, odamlarning men haqimda nima deb oʻylashi muhim.
– Bu bilan nimaga erishasan?
– Meni hammadan aqlli, deb oʻylashadi. Soyamga salom berishadi.

Toʻpori oʻtkinchi yana shamolday yelib ketdi. Xayol ogʻiz juftlagandi, savoli boʻgʻzida qoldi: «Fikrlarni qutiga solish shartmi? Miyangda koʻtarib yursang boʻlmaydimi?»

Xayol oʻtkinchidan uni tutish uchun yana koʻp urindi. Oxiri qulogʻidan ushlab, savolini soʻradi.
– Ie, qutiga solib qoʻymasam, fikrlar tarqab ketadi-da, – javob berdi oʻtkinchi. – Keyin uni boshqalar olib qoʻyadi.

U keyingi gapini negadir hadiksirabroq gapirdi. Daraxtning koʻnglida shubha uygʻondi.
– Ishqilib, fikrlar oʻzingnikimi? – soʻradi u.
– Nima farqi bor? Gap kimnikiligi emas, kimniki deb oʻylashda. Asli ular hammaniki. Qoch endi, meni tinch qoʻy! Shoshib turibman. Birortasi egallab qoʻymasidan men ularni oʻzimniki qilib olishim kerak.

Xayol hafsalasi pir boʻlib daraxt tanasiga qaytdi. Ertasi daraxtimning koʻzi yana oʻsha toʻpori oʻtkinchiga tushdi. Toʻpori oʻzidan mamnundek edi. Fikrlarni egallab ulgurgan koʻrinadi. Qoʻlida kechagidan-da kattaroq quti, qulfiga kalit solib burash bilan ovora.
– Salom! – dedi xayol uning yoniga borib.
– Koʻrdingmi, senam soyamga salom berding! – dedi oʻtkinchi ilk bor yuziga tabassum yugurib.
– Men soyangga emas, oʻzingga salom berdim.
– Qoʻysang-chi, orqasida odami boʻlsa, soyaga ham birinchi boʻlib salom berishadi. Soyamning orqasida men turibman-da.

Daraxtim hech nimaga tushunmadi. Yelka qisib qoʻydi-da, oʻzini qiziqtirgan savolni berdi:
– Qutingda nima bor?
– Istaklarim.
– Nega uni ochayapsan?
– Buyruq chiqarmoqchiman!
– Qanaqa buyruq?
– Bundan buyon odamlar meni hurmat qilishi, mendan qoʻrqishi lozimligi toʻgʻrisida.
– Seni sevishlarini-chi, istamaysanmi?

Oʻtkinchining toʻpori basharasi boʻzarib, lablari titrab ketdi. Bir lahza harakatdan toʻxtab, jim qoldi-da, soʻng dedi:
– Bu... bu boshqa masala. Ortiqcha istaklarni koʻtarib yurish ogʻirlik qiladi.

Oʻlimni Oʻldiraman!

Daraxtim xayoli sayohatga chiqmoqchi emas, muhim narsalarni oʻylab olishi kerak edi. Lekin nimani oʻylashni bilmadi. Lahza sayin boʻyi oʻsar, boʻyi oʻsgani sayin shamol uning xayollarini bir joylarga olib qochib ketaverardi. Bir necha muddat u xayolini gʻorga bekitdi. Gʻorda bir odam tinimsiz baqirar, ora-sira toshlarni mushtlab qoʻyardi.
– Nega gʻorga kirib baqiryapsan? – soʻradi undan xayol.
– Bu yerda birinchi boʻlib gapirish imkonim bor. Mana, eshitib koʻr: «Men istasam, olamni guliston qilaman!»

«Guliston qilaman... guliston qilaman...» Gʻorda aks sado yangradi.
– Koʻrdingmi, u mendan keyin guliston qiladi, men esa undan oldin! – tirjaydi haligi odam.

Soʻng toshni mushtlay ketdi: «Oʻchir ovozingni! Men sendan oldin gapirdim!»

Daraxtim xayoli gʻordan chiqib, oʻychan kezib yurdi. Birinchi boʻlib gapirishni istagan odamning boʻgʻriqqan yuzi koʻz oʻngidan ketmadi. Bir necha soat oʻtib, yana undan xabar olgani gʻorga tushdi. Gʻorda hech kim yoʻq edi. Uni daryo boʻyida uchratdi. Yonida bir yigit ham bor. Yigitdan oʻzib ketishga urinayotganday, bor kuchini oyogʻiga berib, yugurgilab boryapti. Yonidagi yigit bamaylixotir qadam tashlayaptiyu, biroq undan qolayotgani yoʻq.

Ular yura-yura koʻprikka yetishdi. Birinchi boʻlib gapirishni istovchi odam koʻprikni koʻriboq birinchi boʻlib undan oʻtish maqsadida ildamladi. Yigitcha esa, miyigʻida kulib, daryo boʻyiga choʻkdi-da, uni ortidan tomosha qilib oʻtirdi. Sherigi koʻzdan yoʻqolgach, xurjunidan koʻza chiqarib suv hoʻplagancha qoʻshiq xirgoyi qila boshladi.
– Qayoqqa ketyapsizlar? – soʻradi xayol uning yoniga borib.
– Oʻlimni oʻldirishga!
– Mangu yashamoqchimisizlar?
– Ha, kimki ildamroq yurib oʻlimni oʻldirishga ulgursa, oʻsha mangu yashaydi.
– Unda nega koʻprikdan avvalroq oʻtishga harakat qilmading?
– Oʻrtamiyonalarga yoʻl berish kerak, iste’dodlilar yoʻllarini oʻzlari topib oladilar.
– Shundaymi? Lekin baribir yoʻlingni topishing uchun yoʻlga chiqishing kerak-ku! Nega oʻtiribsan?
– Hozir yashashim kerak boʻlgan hayotimni yigirma daqiqa oldin yashab qoʻyganman. Hozir yurishim kerak boʻlgan yoʻlni uch yil avval yurgan edim. Bilasanmi, men bor-yoʻgʻi yigirma yil kun koʻrdim, biroq ellik yoshdaman. Anavi koʻprikdan oʻtib ketgan odam esa ellik yil kun koʻrdi, hali oʻn sakkizga kirgani yoʻq.
– Odam tezroq yashasa, avvalroq oʻlmaydimi?!
– Aytdim-ku, oʻlimni oʻldirgani ketayapmiz, deb. Shu ishning uddasidan chiqsam bas, odamlarning yodida mangu yashayman.

Sahro – Umid Qilish Imkoni

Koʻpdan beri birinchi marta u mendan yordam soʻradi: «Shamolni yonimga yaqin yoʻlatmay turgin, oʻylab olishim kerak». Oh, yurakka yaqining sendan yordam soʻraganda ogʻirini yengillatish qanday yoqimli ish! Ehtimol, dunyodagi eng jiddiy ish – yaqinlaringga koʻmak berishdir?

Biroq bu gal qoʻlim kaltalik qildi. Daraxtimning tizzasidan ham kelmasam, qanday qilib uni shamoldan toʻsay? Oʻsganing sayin birovga suyanishing qiyin kecharkan-da. Senga suyanishadi, biroq sen hech kimga suyana olmaysan.

Qarshiligimga qaramay, shamol daraxtimning xayollarini sahro tomon uchirib ketdi. Boʻm-boʻsh sahroda bir odam yelkasiga toʻrva osib, timirskilanib yurardi.
– Nima izlayapsan? – soʻradi xayol undan.
– Giyoh izlayapman.
– Biror yaqining betobmi?
– Men giyoh terib sotaman. Choʻlning giyohi qimmat turadi.

Daraxt toʻpori oʻtkinchining gapini esladi: «Menga nima qilayotganim emas, odamlar nima deb oʻylashayotgani muhim».
– Qaqragan sahrodan giyoh topishing amrimahol-ku. Togʻdan tergan giyohingni choʻlniki deb sotsang boʻlmaydimi? Bemorlar ixlos qoʻysa bas, tuzalaveradi.
– U holda qachon umid qilaman? – javob berdi giyohchi. – Bilasanmi, sahroda umid qilish imkoni bor. Boʻm-boʻsh kenglikda, jaziramada, och, tashna yurib izlayotganingni izlaysan, izlayverasan... Mabodo bir giyoh topilib qolsa, buning rohati nechogʻli totli ekanini tasavvur etib koʻr! Togʻdagi moʻl-koʻl giyohlar orasidan topib boʻlmaydi bundayin shifobaxshini! Bu giyoh faqat bemorlar tanini emas, mening rohatga tashna dilimni ham davolaydi. Behisob lazzatlar ichidan topolmaganimni mana shu sahroda topaman. Mabodo sahroni giyohzorga aylantirishsa, qattiq xafa boʻlardim.

Sahrodan daraxtim xayoli xushnud boʻlib qaytdi.
– Men bir nimalarni tushungandayman, – dedi u. – Dunyodagi eng mushkul va eng oson ish – oʻzingni oʻzing aldash. Ehtimol, eng jiddiy ish ham shudir?! Axir, shuni uddalasanggina oʻzingdan mamnun boʻlasan. Oʻzingdan mamnun boʻla olsanggina baxtiyor yashaysan.
– Toʻgʻri, – dedim uning koʻngil yorayotganidan mamnun boʻlib, – boshqalarga yoqish ilinjida biror ish qilgan kimsa tentakdir. Kattalar ayni shu istakda boylik va obroʻ orttirishga chiranadi. Boyligi oshib-toshgani sari qashshoqlashib borishini bilmaydi.

Daraxtim indamadi. U meni yana yaxshi koʻrib qolishini, burungiday mening xayolim bilan yashashini istardim. Bir oz yon bosganini koʻrib, yana davom etdim:
– Asli bu dunyoda kutib, kutilib, sogʻinib, sogʻinilib, bir-birining koʻnglini koʻtarib yashashdan muhimroq ish yoʻq.

U shoxlarini silkib dedi:
– Odamzod mavjudotlar orasida eng aqllisi. U bir nimani bilmasa, gapirmaydi. Dunyoda biz bilmagan biror jiddiy ish boʻlsa kerak...
– Axir, nega tushunmaysan? Men ham odamman-ku! – qizishdim. – Bilib qoʻy, koʻp oʻylanganda hamma narsa shubhali boʻlib chiqaveradi.
– Sen hali yosh bolasan, koʻp narsani bilmaysan. Hatto mehringni kimga berishni-da bilmaysan. Yelim oʻyinchoqni ham bor mehringni berib yaxshi koʻrasan. Unga buning qizigʻi yoʻq. Nazarimda, bajarayotgan ishingning kimlargadir qizigʻi boʻ­lishi kerakday...

Uni fikrlarimga ishontirish uchun katta odam boʻlib qolgim keldi.

Lahzani Qotirib Qoʻydim

– Hormang! – dedi Hayot daraxti.
– Bor boʻling! – dedi nozik sharpa.

Uning qomati endi ancha yoʻgʻon tortib qolgandi. Uzun sochlariga oq oralagan. Sandiqqa kirib olibdi.
– Bu yerda nima qilyapsiz?
– Tis-s! Sekinroq gapiring, birov eshitib qolmasin!
– Xoʻp. Nima qilyapsiz bu yerda?
– Bu sandiqqa kechamni yashirib qoʻyganman. Hamma uxlagan paytda kirib, kechagi kun bilan yashayman. Buni erim, bolalarim bilib qolsa, yaxshi boʻlmaydi.
– Nihoyat, lahzani qotirib qoʻyishning yoʻlini topibsiz-da?
– Topdim. Lekin faqat... umuman olganda, umrbod bir lahzada yashab oʻtishdan koʻra shunisi qiziqroqqa oʻxshaydi. Kunduzi bugunni, kechasi kechani yashayman. Kechani yashash lahzalarini kutib, bugunni oʻtkazaman. Turmushim yomon emas.

Shamol daraxt xayollarini olib ketayotib, bir parcha qogʻozni uning yoniga uchirib keldi. Xayol shoshib qogʻozga koʻz yugurtirdi:

«Kunduzi porlagan yulduzlar, tunda charaqlagan quyosh toʻgʻrisida eshitganmisan? Ular qadri borliq oldida nechogʻli – tasavvur qila olasanmi? Sen hamisha hayotimga ular kabi kirib kelasan va quyoshlik, yulduzlik vazifasini oʻtab qoʻygandek his qilasan oʻzingni. Yonib kutganimda hovurimni bosguvchi bir najot topmayman. Oʻz oʻtimni oʻzim koʻzyoshlarim bilan oʻchirganimda, sening kerakligingni his qilmay qoʻyganimda yonib kirib kelasan. Sen xuddi ohanrabodek oʻzingga tortasan, biroq butunlay tortib olishga ojizlik qilasan.

Ochigʻi, yuzi qora tunlarni, xijolatdan qizargan kunlarni orqalab yashashdan charchadim. Mening ham osmonim hammanikiga oʻxshashini istayapman. Xayr, omon boʻl!»

Bu – nozik sharpaning boʻychan sharpaga joʻnatmagan maktubidan bir parcha edi.

Tuygʻularingni Tarbiyalab Ol

– Oyi, oyijonim, u nohaqlik qilyapti!
– Kim u, seni qiynayotgan? – mehribonlik bilan boshimni siladi onam. – Buncha ozib ketding, bolam? Nimalar boʻlyapti oʻzi?
– Kimligini aytmayman, oyi. Uningsiz yashay olmayman! U esa meni na yoqtiradi, na yoqtirmaydi. U meni oʻzining borligiga oʻrgatib qoʻydi, endi esa men bilan ishi yoʻq.

Onam jilmaydi.
– Yoshlikda hamma qiynaladi. Sen hech qachon mehr bergan kishingning ortidan qarz berganday ergashib yurmagin. Undan mehring ajrini kutmagin. Ana shunda qiynalmaysan.
– Buni bilaman, oyi. Men bunday qilayotganim yoʻq. Lekin... lekin bilasizmi... tuygʻularim tiyiqsiz! Tuygʻularim ustidan kulaman, lekin baribir ularga ixtiyor beraveraman. Faqat ungagina topinaman, xayolimda faqat u kezadi, hamma narsani faqat uning bilan uygʻun koʻraman. Uningsiz dunyoda bor-yoʻqligimni ham unutib qoʻyaman. Eng yomoni, oyi, uni yoʻqotib qoʻydim! Agar butunlay yoʻqotganimda, izsiz yoʻqotganimda boshqa gap edi. U bor! Har kecha uni koʻrgani boraman. Biroq u oʻzida yoʻq! Faqat tanasi, ulkan tanasi bor, xolos. Ayting, oyi, uni topish uchun nima qilayin? Uni avvalgiday avaylab-asrash, unga avaylab-asralganidan mamnun boʻlish hissini qaytarish uchun nima qilay?

Onam savolimga javob bermadi. Nazarimda, u gaplarimni tushunmadi yo his etmadi. Menga – yakkayu yolgʻiz farzandining choʻzilib qolgan boʻy-bastiga mehr bilan tikilib, peshonamdan oʻpdi-da, butunlay boshqa bir gapni aytdi:
– Mashoyixlar deydilarki, muhabbat uqubatli yolgʻizlikdan qochmoq uchun bir boshpanadir, xolos. Sen aqling koʻzi bilan qara, tuygʻularingni tarbiyalab ol, shunda boshingga tushgani koʻrgilik emasligini anglab yetasan. Qolgani oʻtib ketadi...

Chin Hayot

Hayot daraxtimning boʻyi osmon bilan boʻylashib qolgandi. U endi faqat yerni emas, osmonni ham koʻra oladi. Atrofiga qarab, bir qizga koʻzi tushdi. U havoga chirmashib, osmonga chiqayotgan ekan. Egnida yal-yal libos, ruhi terga botgan.

U qizni tanidi: bu oʻsha – jiddiy ish bilan shugʻullanmay, beshtosh oʻynagani uchun onasidan koyish eshitgan qizaloq.
– Osmonga nega chiqayapsan? – soʻradi undan.
– Yulduz boʻlmoqchiman.
– Yulduz boʻlib nima topasan?
– Izlaganimni.
– Izlaganing nima?
– Bilmayman. Topganimda bilarman.

Daraxtim bir paytlar osmonu falakdan kelgan amru farmonni esladi: «Qachonki izlaganingni topsang – oʻsishdan toʻxtaysan». U oʻsishdan toʻxtay olmadi. Yaralganida tushunganidan ortiq yana nimanidir tushunish, topish ilinjida koʻkka qarab boʻy choʻzaverdi, choʻzaverdi, choʻzaverdi... oxiri osmon gumbazini yorib, narigi tarafiga oʻtib ketdi...

Shoxida in qurgan hayot qushining qanoti Quyoshga tegib ketdi. U yona boshladi. Jon talvasasida chirpirak boʻlib uchdi. Tushlarimga oʻt tushdi! Yongʻin ichida bir oʻspirin ham bor edi. Qayoqqa qocharini bilmay, uyam yonib ketdi! Yonayotib qichqirish tugul hatto ingramadi, bir tomchi koʻzyosh toʻkmadi. Jilmaydi. Xuddi hozir, yonayotib, katta hayotga qadam qoʻyajak odamday, jiddiy ishlarning boshini tutajak odamday jilmaydi...

Koʻzlarimni ochib, gultuvagim turgan joyga qarab yugurdim. Tuvak chil-chil sinib, toʻkilgan tuproq ustida qurib qolgan choʻp yotardi.

* * *

Oʻsha oʻsmir men edim, oyi. Tushlarimda yonib ketgan oʻsmir men edim. Mana, aytganingizday, hammasi oʻtdi. Oʻtdi va ketdi. Biroq oʻtgani emas, oʻtmagani chin hayot ekan. Bugun men yoʻqman! Qarshingizda sochi oqargan donishmand tuygʻulari bilan boʻm-boʻsh jild turibdi, xolos.

Siz dunyodagi eng yaxshi oyisiz, oyijon! Tushlarimni davolatmoqchi edingiz, davolatib bering! Parvarishlab bering bemor tushlarimni. Tarbiyali tuy­gʻularimni tarbiyasizga aylantiring, quloqsiz tushlarimni tarbiyalab bering, oyi! Oʻsha tushlarda yonib ketgan oʻsmirni, uning telba, tiyiqsiz, biroq rost tuygʻularini tiriltiring. Hayotimga – toʻrt faslda birday gullab turuvchi hayotimga, zangor faslimga qaytaring meni!

2011 yil oktyabr