OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOzod Moʻmin
Asar nomiAmir Temurning yoquti
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Ozod Moʻmin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm46KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnali, 1991 yil, 10-son


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Amir Temurning yoquti
Ozod Moʻmin

Men roppa-rosa oʻn yil qimmatbaho toshlarning tabiiy xususiyatlarini oʻrganish bilan shugʻullandim. Ularni tadqiq etishda ishlatiladigan, hozirgi paytda Ittifoqning zargarlik sanoatida keng qoʻllanilayotgan bir qancha asboblarning muallifi ham boʻldim. Tadqiqotlar mobaynida qimmatbaho toshlarning juda ajib xossalari mavjudligiga, katta axborot manbai ekanligiga ishondim. Ularning qalbni qitiqlovchi ohanrabo nurlari, turli jilvalarida nafaqat she’riyat, nafaqat sevgi va muhabbat, balki hayotning, shafqatsiz, hiylakor hayotning dramatik nasri, boʻyalmagan tarixi ham mujassamligiga imonim komil boʻldi.

Biroq, afsuski, qimmatbaho toshlar, ayniqsa noyob tarixiy toshlar siz bilan biz kabi soʻzlashib, oʻz qalb nolalarini izhor eta olmaydilar. Ularni gapirtirishning faqat birgina usuli bor: hujjatlar, qoʻlyozmalar va kitoblar. Ana shulargina toshlarni tilga kiritadilar, sizni ajib dunyoga boshlaydilar.

Qimmatbaho toshlarga bagʻishlangan bir qoʻlyozmada javohirlar sultoni — olmos toʻgʻrisida mana bunday deyilgan ekan:

«...inson olmosni chap tomonida olib yurishi lozim, toki u yurakka quvvat va darmon bersin. Olmos er kishiga matonat va mardlik baxsh etib, uning jismoniy qudratini asraydi. Agar u haq ish uchun kurashayotgan boʻlsa, dushmanni yengishga yordam beradi. Olmos aqlni ham peshlaydi, gʻamu kulfatni nari suradi va insu jinslarni haydaydi. Kimda-kim olmos egasini baloga giriftor qilmoq istab sehr-jodu ishlatsa, barcha koʻrgiliklar uning oʻz boshiga tushadi. Olmosi bor insonga hech bir yirtqich yaqinlashishga jazm etolmaydi. Bu billur odamni faqat ezgu ishlarga undab, ba’zi kasalliklardan ham forigʻ etadi. Biroq olmosni faqat toʻgʻrilik va oliyjanoblik bilan qoʻlga kiritish joizdir, qalloblik va zoʻravonlik evaziga egallangan billurning ta’siri yoʻq. Gunohga va noshar’iy ishlarga moyil kishining olmos olib yurishi befoydadir...»

Men G’arbda «Buyuk Amir Temur yoquti» deb atalgan gʻoyat noyob javohir tarixini tilga olmoqchiman. Sharqda esa u «Chirogʻi olam» nomi bilan shuhrat qozongan. Afsuski, xalqimiz bu ajib toshning mavjudligini, u tariximizning bir boʻlagi ekanligini bilmaydi.

* * *

«Chirogʻi olam» butun dunyo tarixidagi eng noyob yoqut hisoblanadi. Hajm va ogʻirlik boʻyicha uning yarmisichalik ham keladigan yoqut shu vaqtgacha topilmagan. Uning vazni 361 karat (1 karat - 0,2 gramm). Undan ajoyib taqinchoq yasalgan. «Chirogʻi olam» oʻzidan kichik uchta yoqut, bir qancha yirik dur va zumradlar qadab yasalgan san’at asarining markaziy qismidir.

Bobomiz Amir Temur Sohibqiron, oʻzlarining gaplari boʻyicha, «butun dunyodagi razil jinoyatkorlarning yostigʻini quritish niyati bilan» umr kechirar ekanlar, 1398 yili Dehli shahrini oʻz tasarruflariga olgan paytlarida bu javohir u kishiga tuhfa etilgan.

* * *

Janubiy oʻlkalarda koʻp noqis ishlar boʻlayotganmish. O’gʻli Pir Muhammaddan noma keldi. U oʻzi idora qilayotgan yerlarni kengaytirishga urinib, Sind diyorining katta shaharlaridan biri Multonni ishgʻol qilibdi. Bu joylarda moʻmin-musulmonlar kam-u, otashparast va kofirlar moʻl emish. Ular moʻminlarga ola qararmishlar. Albatta, undaylar oʻz jazosini olishi, haq yoʻlga kirishi darkor. Amir dini islom yoʻlida koʻp zahmatlar chekdi, qiyinchiliklarga koʻndi. Harakatsiz, rohat-farogʻatda yashash unga yot. U haqiqat uchun, Muhammadning qutlugʻ bayrogʻini yuqoriroq koʻtarish uchun qoʻshin surishdan charchamaydi.

1398 yil buyuk Amir safarga otlandi.

Amirga Hind oʻlkasidan ham xabarlar keldi. Dehli sultoni Feruzshoh mangulik dunyosiga ketgandan soʻng roʻy berayotgan hodisalar ham Sohibqironning gʻazabini qoʻzgʻatdi. Hindistondagi koʻp shaharlar va viloyatlardagi butparast, otashparast kofirlar musulmonlarni chiqishtirmay qoʻyibdilar, ezib, yancha boshlabdilar.

Amir Temur qoʻshini Dehliga yaqinlashar ekan, yoʻl-yoʻlakay barcha yerlarda haqqoniy tartiblar oʻrnatilib, yomonlar jazolanib bordi. Nihoyat, 1398 yil 11 dekabrda Sohibqiron Dehli ostonalariga yetib keldi. Bu yerda katta jang boʻlishi kerak edi. Buyuk Amir 13 dekabrda shahzodalarni, amirlar, sarkardalar, saroy a’yonlari va oʻn ming kishilik xos navkarlarni Feruzshoh maqbarasi oldiga yigʻib majlis qurdi.

Sohibqiron, dushman bilan qay taxlitda va qay usulda jang olib borish, uni qanday qilib esankiratish hamda qay yoʻl bilan jang girdobidan chiqish lozimligini tushuntirdi. Har bir kishining jang paytidagi vazifasini, kim markazda, kim chap va oʻng qanotda yurishini belgiladi. Dushman hujumini qay usulda daf etishni anglatdi.
— Dini islom yoʻlidagi kurashlarda, tilyogʻlama, badbin kishilarni jazolash janglarida oʻz hayotini qurbon etishni boʻyinga olish — buyuk qonun va qoidadir! — dedi Amir majlis soʻngida.

Odamlar tarqalgach, Sohibqiron munajjimlardan yulduzlarning ne alomat koʻrsatishayotganini soʻradi. Ular aniq bir fikr izhor qila olmadilar. Ertasi bomdod namozidan soʻng, Buyuk Amir tangrining mehribonligiga ishonib, Qur’onni ochdi va fol koʻrdi. Unda ushbu sura namoyon boʻldi: «Haqiqatdan ham bu — Yerdagi hayot nimaga oʻxshaydi? U osmondan yogʻadigan, oʻsimliklar shimadigan, odam va hayvonlar ichadigan suvning oʻzi. Yer yuzi chiroyli yashil liboslar kiyganda, ular (odamlar) bu ishni oʻzlariniki deb xayol qiladilar, holbuki, bu narsa bir kunda bizning amrimiz bilan roʻy bergan va oldin bunday emas edi». Bu sura raqiblarning yanglish fikrlari va xatolariga, hind qoʻshinlari sarkardasi boʻlmish Malluxon oʻy-niyatlariga ishora edi. Buyuk Amir yana bir bor fol koʻrib, «Nahl» («Asalari») surasidagi ushbu soʻzlarni ochdi: «Olloh bundoq bir misol keltirur: hech narsaga kuchi yetmaydigan egalik qul bilan Biz O’z tarafimizdan chiroyli moʻl rizq berib, oʻsha rizqdan yashirin yo oshkora infoq-ehson qilayotgan bir kishi barobar boʻlurmu? Hamdu sano Allohnikidur. Lekin ularning koʻplari buni bilmaydilar». Sohibqiron bu ikki surani tahlil qilib, oʻzining baxt yulduzi yarqirayotganini his etdi.

1398 yil 17 dekabr kuni ul zot otga mindi va qoʻshinni safladi. Asosiy otliq qoʻshin markazga tizildi. Uning oldida ilgʻor qism — jangni boshlab beruvchilar, orqasida esa qarorgoh bilan zahira askarlar joylashtirildi. Buyuk Amir qanotlarga ham e’tibor berdi. Ikkala tomonga alohida boʻlinmalardan tashkil topgan otliq jangchi qismlarni — kanbullarni safladi. Odatda, markaziy qoʻshin asosiy jangni olib borar, kanbullar esa dushmanning oʻng va chap qanotini yorib kirishga va aylanib oʻtib orqadan zarba berishga urinardilar. Kanbullar eng botir va tajribali jangchilar edi. O’ng qanotni shahzoda Pir Muhammad, shahzoda Sulaymonshoh va boshqa amirlar, chap qanotni shahzoda Sulton Husayn, shahzoda Xalil Sulton, Jahonshoh va boshqa amirlar, ilgʻor qismni shahzoda Rustam, amir Shayx Nuriddin, amir Shoh Malik, Ollohdod va boshqa amirlar jangga soldilar. Sohibqiron qoʻshin markazida turdi.

Sulton Mahmud Dehlaviy va sarkarda Malluxon oʻn ming otliq, yigirma ming saralangan piyodalarni safladilar. Toʻfon paytidagi dengizdek pishqirib turgan 120 ta urush fillarini ham jangga hozirladilar. Har biri togʻdek keladigan bu fillarning ustidagi taxtiravonlarda kamon otuvchilar joylashtirildi. Fillarning xartumlari bir-birlari bilan bogʻlangan, ular orasidan yorib kirish mushkul edi. Hind qoʻshinlarida yana bir qurol bor ediki, Sulton Mahmud Dehlaviy unga katta umid bogʻlagandi. Bu uzoqdan turib ham dushmanni ajal komiga ravona qilaberuvchi «oʻq otar» edi. «O’q otar» Temur qoʻshinini esankiratib qoʻyadi, xayol qildi hind sultoni. Biroq, u yanglishgandi. Sohibqiron bunday qurolni 1379 yildayoq Urganch qamali vaqtida ishlatgan, shu bois qoʻshini undan zarracha ham choʻchimas edi.

Sohibqiron Baxali tepaligiga qarorgoh qurib, saroy xodimi mavlono Nasriddin Umarga joynamoz solishni buyurdi va ikki rakat namoz oʻqib, Ollohdan jangda madadkor boʻlishini soʻradi.

Va nihoyat, ikki dengiz junbushga kelib chayqaldi va katta jang boshlandi. Amirning ilgʻor qismi fillar qatoriga hujum qilib, bu harakatlanuvchi togʻlarning orasidan yorib kirishga muvaffaq boʻldi. Ular filbonlarii, kamonchilarni yiqita boshladilar, kallalar chavgon toʻplaridek tuyoqlar orasiga dumalab tushar, qonlar favvoradek otilardi. Hindlar ham qattiq qarshilik koʻrsatib, matonat bilan jang qilardilar.

Bu kurashni toʻlaqonli tasvirlashga til ham, qalam ham ojiz. Botirlik va ayovsizlik, tajriba va gʻoʻrlik, bahodirona hayqiriqlar-u, qilich-nayzalarning jarangi, kesilgan boshlar-u, daryo-daryo qon oqimlari — barchasi ayqash-uyqash boʻlib ketdi. Fillarning boʻkirishlari, yaradorlarning oh-dodi chor atrofni tutdi.

Ha, urush koʻngli yumshoq, zaif kishilarning ishi emas. Zaiflar, koʻngli boʻshlar, qoʻrqoqlar insoniyatning butun tarixi mobaynida qullikka mahkum boʻlib kelganlar. Qoʻydek beozorlik, hiylakor dushmanning soʻzlariga laqqa ishonib yuraberish har qanday xalqni, ayniqsa oʻz tarixini, insoniy izzatini unutib qoʻygan xalqni boshqalarga qaram qilib qoʻyadi. U paxta ekib, bir parcha chitga zor boʻladi, bugʻdoy undirib, non yeyolmaydi, oltin kavlab chiqarib, chaqaga zoriqadi.

Dushman qarshiligi bora-bora susaydi. Sulton Mahmud va sarkarda Malluxon bir siqim askarlar bilan qochib qoldilar. Biroq, keyinchalik ular Amir Temur xoki-poyiga bosh urib, qarshilik koʻrsatganlari uchun kechirim soʻrab keldilar.

Jang tugadi. Dehli taslim boʻldi. Shaharga kirish marosimi ertangi kunga belgilandi.

18 dekabr kuni Sohibqiron oʻz a’yonlari bilan Dehlining Maydon darbozasiga yaqinlashdi.

Bu yerda uni tantana bilan shahar saidlari, ulamolari, kazo-kazolari kutib olishdi. Ular Buyuk Amirning xoki-poyiga koʻzlarini surtib, noyob sovgʻalar topshirdilar. Bundan buyon Dehlida haqiqat, tinchlik, baxt-saodat hukm surishiga ishonch bildirdilar... Sovgʻa-tuhfalar orasida duru-javohirlar ham moʻl edi. Ularning ichida juda katta, olovdek yonib turgan, qip-qizil, yoqut «Chirogʻi olam» koʻzni qamashtirardi.

Bu yoqut Sohibqironning Samarqanddagi yigirma besh ming noyob javohirlari qatoridan joy oldi.

«Chirogʻi olam» yuziga buyuk Amir nomi oʻyib yozib qoʻyildi.

Qani oʻsha yigirma besh ming noyob javohir? Qaylarga yoʻqoldi ular? Ha, vaqt deb atalmish toʻfon nafaqat ularni, xalq orasidagi inju javohirdek kishilarni ham ezdi, yanchdi, olib ketdi... Faqat oʻzini panaga olganlar, yovga qulluq qilganlar qoldi.

* * *

Amir Temur oʻz vasiyatida amirzoda Pir Muhammadni Samarqand taxtiga valiahd va qoyim-maqom deb e’lon qildi. Huzurida turgan barcha farzand va a’yonlarga mamlakat va millatning, xalq hamda lashkarning ahvolidan boxabar boʻlib turishni buyurdi.

Biroq har qanday ezgu tilak va niyatlar hamisha ijobat boʻlavermas ekan. Temuriyzodalarda oqayotgan buyuklik qoni oʻz ishini qildi. Bir Buyuk ikkinchi Buyukka boʻysunishni istamadi. Qarindoshlik, aka-ukalik bir chekkaga yigʻishtirib qoʻyildi. Natija ma’lum: Buyuk Amir Temur imperiyasi — Qora, Egey va O’rta dengizlardan to Hindistonning sharqiy chegaralari, Moʻgʻiliston va Xitoyga, Hind okeanidan boshlab Moskvani, Dnepr boʻylarini oʻz ichiga olgan hududdagi davlat birligini yoʻqotdi.

«Chirogʻi olam» Samarqand taxtini egallagan amirzoda Shohruh Mirzo qoʻliga oʻtdi. Yoqut yuziga uning ham nomi bitildi.

1409 yilda Shohruh Mirzo oʻz davlati poytaxtini Hirotga koʻchirdi va Samarqand hukmronligini oʻgʻli, oʻn besh yoshli Mirzo Ulugʻbek Muhammad Taragʻayga topshirdi. «Chirogʻi olam» oʻzining munosib egasini topdi.

Balki... Balki, oʻn yoshiga qadar buyuk bobosi bilan jangu jadallarda birga yurgan, Sohibqironning sevikli va dono ayoli Bibixonim qoʻlida tarbiya topgan zot oʻsha mashhur «Chirogʻi olam» bilan bolaligida ham muloqotda boʻlgandir. Yoqutning yuzidan, vujudidan taralayotgan nur va jilo yana bir buyuk kishi — olim va amir Mirzo Ulugʻbek qalbiga sehrli ta’sir koʻrsatib, koinot sirlarini oʻrganish istagini solgandir. Balki, Amir Temurning baquvvat vujudi va ruhiy kuchlarining ma’lum qismi toshga joylashgandir, keyinchalik oʻsha kuchlar buyuk nabiraga shiddat va bilim, ishtiyoq va ishonch ato etgandirlar. Kim bilsin...

1449 yil oktyabrning oxirida Mirzo Ulugʻbek oʻziga hamroh qilib berilgan Hoji Muhammad Xisrov bilan Samarqandni tark etdi. U hajga otlangan edi. Kuni-kecha qudratli hukmdor va buyuk olim boʻlib davr surayotgan zotni bir nechagina navkar kuzatib borar edi. Shunga qaramay, Mirzo Ulugʻbekning koʻnglidagi bir mavhum tosh eriyotgandek, undagi gʻashlik va gʻubor tarqalayotgandek tuyulardi. Otliqlar birinchi dovondan oʻtib ulgurmagan ham edilarki, orqadan chopar yetib keldi. U mirzoga yangi hukmdor — oʻgʻli Abdulatifning farmoyishini topshirdi. Bunga koʻra, Ulugʻbek podshohlarga xos anjomlarga ega boʻlsin uchun qoʻshni qishloqqa kirib kutib turishi lozim edi. Ulugʻbekning kayfiyati buzildi. Nachora! Boʻysunmaslikning iloji yoʻq. Bugun u — magʻlub.

Ular qoʻnishgan qoʻrgʻon huvillab yotardi. Tevarak-atrof jimjit. Havo sovuq. Etni junjiktiradi. Navkarlar hovliga gulxan yoqib, qozon osishdi. Goʻsht solingan shoʻrva biqirlab qaynay boshladi. Qaniydi tezroq pishsa. Ovqatlanishardi-da, uyquga ketishardi. Sobiq hukmdorning avzoyi buzuq edi. Koʻnglida yana noxush his paydo boʻldi. U tarqalavermas, yuragini kemirardi. Shu vaqtda hovliga Ulugʻbekni hushlamay yuruvchilarning biri — Abbos sherigi bilan kirib keldi va shohga tashlandi. Ikki yil avval Mirzo uning otasini katta gunohlari uchun oʻlimga buyurgandi. Ulugʻbekning navkarlari va Hoji Muhammad Xisrov qoʻrqib ketib, uyning burchagiga berkindilar. Hamrohlar oʻz burchlariga sodiq qolib, tajovuzkorlar bilan kurashish oʻrniga jonlarini ayab buyuk zotning kallasi olinishiga koʻzlarini moʻltaytirib qarab tura berdilar... Ular, kamida uch-toʻrt qurollangan kishi boʻlaturib, ikki yollanma qotilga qarshi chiqishga botinmadilar...

* * *

Ha, botinmadilar!

Xalqimizda keyinroq ham botinmaganlar koʻp boʻldi. Hozir ham juda moʻl. Botinolmaydiganlar, botina oladiganlarni doimo tomosha qilib keldi. Ularni sotib, bola-chaqa boqdi. Botinuvchilar koʻpincha jazoga mustahiqlar. Ular qullik mehnatini qoyillatib yuzimni yorugʻ qildim, deyishdan koʻra shuni afzal koʻradilar. Qaysi xalqning botinuvchilari koʻp boʻlsa, u gʻolib xalqdir!..

* * *

«Buyuk Amir Temur yoquti!» Sen juda koʻp yillar temuriyzodalarning mulki hisoblanib, Samarqand xazinasining koʻrki boʻlib turding. Choʻgʻdek yuzingga uchinchi yozuv ham tushirildi. Imonim komil, sen bu harflar tizmasidan faxrlangansan. Chunki, Mirzo Ulugʻbek nomi faqat senga emas, falakdagi yulduzlarga ham bitilgan.

* * *

«Chirogʻi olam» yuziga bitilgan keyingi nom Eron va Ozarbayjonda hukmronlik qilgan safaviylar sulolasining vakili — Abbosshohga tegishlidir. Safaviylar turk qavmidan boʻlib Ordobilda (Hozirgi Eron hududida) yashovchi shayxlardan chiqqanlar. «Buyuk Amir Temur yoquti»ning ular qoʻliga tushishi, menimcha, ushbu holatda roʻy bergan. Bu vaqtda Movarounnahr yerlarida temuriylar, shayboniylar hukmronligi tugab, ashtarxoniylar siyosat yurita boshlagandilar.

* * *

1599 yilda shayboniyzodalarning oxirgi vakili — Abdulmoʻmin halok boʻldi. Movarounnahrda yana oʻzaro urushlar avj oldi. Bu hol safaviylar shohi Abbosga qoʻl keldi. U Sabzavor bilan Mashhadni bosib oldi. Keyinroq Hirotga ham hujum qildi. Toshkent tomondan qozoq sultoni Tavakkal qoʻshin tortib keldi. Xonsiz qolgan oʻlka talon-taroj boʻlish arafasida edi.

Shayboniylar davlatining arboblari Buxoroda istiqomat qilayotgan ashtarxonlik (astraxanlik) Jonibek Sultonni xon qilib koʻtarishga kelishdilar. U 1583—1598 yillarda hukmronlik qilgan shayboniyzoda Abdullaxonning singlisiga uylangandi, shu bois unga qarindosh hisoblanardi. Lekin Jonibek Sulton taxtdan voz kechdi. Natijada, uning katta oʻgʻli Dinmuhammad xon etib saylanadi. Bu paytda u safaviylar qamal qilib turgan shahar — Obivarda edi. U Buxoroga yetib kela olmadi — halok boʻldi. Shundan soʻng, ikkinchi oʻgʻil Boqiymuhammad xonlikka koʻtariladi, uchinchi farzand Valimuhammad esa valiahd deb e’lon qilinib, odatga koʻra Balxga noib etib joʻnatiladi.

* * *

Valimuhammad chuqur oʻyga choʻmdi. Falak oʻyini juda ajab ekan. Mana olti yildirki, Movarounnahr toj-taxti oʻziniki. Mamlakatning butun boyliklari, xazinasi oʻzining azmi ixtiyorida. Sandiq-sandiq oltinlar, sandiq-sandiq duru javohirlar har qanday kimsaning boshini aylantirib qoʻyadi, bularga ega chiqish havasini uygʻotadi. O’z qarindoshi Imomqulixon shu koʻyga tushibdi. Barcha amirlarni oʻz tomoniga ogʻdiribdi. Endi suiqasd qilib, taxtni egallamoqchi. Hozir kuch uning tomonida. Nima qilsa ekan?

Kech boʻlib qolganiga qaramay, xon xazinachini va shahzodalarni huzuriga chaqirdi...

Vaqt yarim kechadan oʻtar-oʻtmas ular qiyofalarini oʻzgartirib, bir necha sodiq navkarlar bilan shahardan chiqishga ulgurdilar...

Safaviylar davlatininig poytaxti Tabriz ularni iliq chehra bilan kutib oldi. Shoh Abbos Safaviyning muhtasham saroyi Valimuhammadxonning poyi-qadamiga muntazir ekanligini bildirdi. Valimuhammadxon oʻzi bilan olib kelgan qimmatbaho sovgʻalarni shohga topshirdi. Eng noyob javohirni esa alohida tortiq qildi.

Keyin tashrifi sabablarini bayon etdi.
— Oliyhazrat! — dedi Abbosshoh koʻzlari chaqnab, yuziga tabassum yugurib. — Siz yordamga muhtoj boʻlib qolgan ekansiz, biz buni darigʻ tutmasmiz. Istagan kuningiz yetarli qoʻshin va sarkardalar azmi ixtiyoringizda boʻlur.

Bu voqea 1611 yil boʻlib oʻtdi. «Chirogʻi olam»ga Abbos Safaviyning nomi bitildi.

Valimuhammad boshchiligidagi safaviylar qoʻshinining yaqinlashib kelayotganini koʻrgan Buxoro sarosimaga tushdi. Imomqulixon darhol qozoqlarga chopar yuborib yordam soʻradi. Ular qoʻshin joʻnatdilar. Jang juda dahshatli boʻldi. Bunda safaviy qoʻshinlari yengildilar. Valimuhammadxon asir olinib oʻldirildi...

* * *

Abbos Safaviy oʻz davlati chegaralarini kengaytirishga, hokimiyatni mustahkamlashga katta ahamiyat bergan hukmdorlardan edi.

Ma’lum vaqt kelib u butun diqqat-e’tiborini muhim savdo yoʻli, boy-badavlat oʻlka markazi hamda harbiy jihatdan ahamiyatga ega boʻlgan Kandahorga qaratdi. Bu oʻlka oʻsha paytda boburiylarga — Akbarshoh oʻgʻli Jahongirshohga tobe edi.

1612 yili Abbosshohning elchilari boburiylar saroyiga sovgʻa-salomlar bilan kirib keldilar, oʻz niyatlarining chindan ham doʻstona va samimiy ekanligini isbotlash uchun boshqa qimmatbaho tuhfalar qatori «Chirogʻi olam»ni ham in’om etdilar... Bu javohir yana temuriylar qoʻliga oʻtdi. Abbosshohning elchisi Agrada ikki yil yashadi. Atrofni obdan kuzatdi. Saroydagi gap-soʻzlardan, past-balandliklardan xabardor boʻlib turdi. 1613 yili boburiylar ham javob elchilarini Tabrizga yubordilar. Safaviylar ikki yil oʻtgach, yana oʻz odamlarini Hindistonga joʻnatdilar. Bu bilan cheklanmay, 1617 yili Abbosshoh yana katta sovgʻalar bilan Jahongirshoh huzuriga elchilar joʻnatdi. Ammo Ozar va Eron elining shohi aslo qoniqmadi. Uch yildan soʻng uning vakillari yana Hindiston safari tadorikini koʻrdilar. Abbos Safaviy bu yoʻl bilan ikki quyonni urdi, ya’ni oʻzining munosabati samimiy ekanligiga boburiylarni ishontirdi va Hindistondagi ichki vaziyatdan boxabar boʻlib turdi. Haqiqatan ham, bu paytga kelib Jahongirshoh Kandahor himoyasiga yaxshi e’tibor qilmay qoʻydi, saroy esa oʻzaro ichki janjallar girdobiga tushib qoldi. Bunday vaziyatdan foydalanmaslik mumkin emas edi. 1622 yil Abbosshoh kutilmaganda Kandahorni qamal qildi va qirq besh kun deganda shaharni egalladi!

Jahongirshoh oʻgʻli Shoh Jahonga katta qoʻshin topshirib Kandahorni qaytarib olishga farmon berdi. Shoh Jahon esa betob yotgan otasini tashlab uzoqqa ketsa, toji-taxtdan ajrab qolishini oʻylab, bu farmonga boʻysunmadi.

* * *

Nuriddin Muhammad Jahongirshoh qattiq iztirobda edi. Abbos Safaviyning makkorligi uni qahr-gʻazabga toʻldirdi. Nahotki, inson shunchalik darajada tilyogʻlama boʻlsa?! Axir, u ham musulmon-ku! Dushman baribir dushman. Shohlar buni yaxshi bilishlari lozim. Uning sovgʻa-salomlariga, doʻstona nomalariga uchmaslik kerak edi!

Jahongirshoh huzuriga hech kimni kiritmaslikni buyurib, u yoq-bu yoqqa yura boshladi. U juda odil shoh deb nom chiqargan edi, lekin jahli chiqqanda haddan tashqari qattiqqoʻl boʻlib ketishi hech gap emasdi — shuning uchun ba’zilar uning gʻazabidan choʻchinqirab turishardi. Jahongirshoh tabiatni, goʻzallikni sevar, nozik his-tuygʻularga boy, jon-dili adabiyot edi, oʻz qoʻli bilan «Tuzuki Jahongiriy» asarini bitardi.

Nihoyat, u ozroq chalgʻish niyatida qoʻlini qalamga uzatdi. Biroq ichini mushuk timdalayverdi. Qalamni qoʻyib, oʻyga choʻmdi. Yodiga javohirotlar tushdi. Ha, ularning jilvasi qalbidagi gʻuborni oz boʻlsa-da tarqatishi mumkin. U noyob toshlarni vaqti-vaqti bilan tomosha qilib zavqlanib turishni kanda qilmasdi. Shu zahotiyoq xazinachini chaqirib, javohirotlarni keltirishni buyurdi.

Mana bu «Koʻhinur»! Ya’ni, nur togʻi. Bundan taralayotgan nozik jilva, sehrli ohangni qarang-a! Mana kuch, mana qudrat!.. Goʻzallik hamisha katta kuchdir. G’oyat noyob tosh. Bundagi ajib nurlar har qanday dilgʻuborlikni haydaydi, tanga quvvat, qalbga ishonch baxsh etadi... Bunisi «Chirogʻi olam»! Juda antiqa yoqut! Haqiqatan ham olam chirogʻi! Mana, yuzasiga yozuvlar ham bitilgan: «Buyuk Amir Temur», «Shohruh Mirzo», «Mirzo Ulugʻbek» — barchasi oʻzining bobokalonlari. Iya! Anavi itning nomi nima qilib yuribdi, bu joyda? «Abbos Safaviy»!? Bu qanday mal’unlik?! Ul nomuborak qizilboshning nomi tezda yoʻqotilishi lozim!

Jahongirshoh xizmatga shay boʻlib turgan mulozimga buyurdi:
— Tezda saroy zargarini chaqir; Zargar zudlik bilan yetib keldi.
— Sen manavi yoqutdagi la’nati qizilboshning nomini oʻchir! Uning oʻrniga otam Akbarshoh va mening ismimni bit. Tezlikda!

Jahongirshoh shunday dargʻazab qiyofada, keskin buyruq berdiki, zargar biron bir ortiqcha soʻz aytishga jazm etmadi. Faqatgina, «Xoʻp boʻladi, hazratim!», deya oldi va yoqutni olib ustaxonaga yoʻnaldi.

Evoh! Zargar shoh amrini yaxshi anglamay qolgan edi. U «Chirogʻi olam»dagi barcha yozuvlarni oʻchirdi! Barcha yozuvlarni oʻchirdi...

Shunday qilib, buyuk Amir Temur, Shohruh Mirzo va Mirzo Ulugʻbeklarning muborak nomlari buyuk yoqutni tark etdilar.

* * *

«Chirogʻi olam»ga keyinchalik koʻpchilik boburiy shohlarning nomlari bitildi. 1628 yilda Shoh Jahonning ismi Sohibqironi Soniy shaklida yozilgan. 1659 yili Shoh Olamgirning nomi, 1713 yil Muhammad Farrux Sayyorning nomi bitilgan. 1739 yilda esa yoqutni Eron hukmdori Nodirshoh olib ketdi.

* * *

«Bu, Isfahonga 1153 yil Hindistondan olib kelingan yoqut, shohlar shohi Sulton Sohibqironning yigirma besh ming asl javohirlaridan biridir».

Bu yozuv Eron hukmdori Nodirshohga tegishli. Uni 1739 yilda (hijriy 1153 yilda) yoqut yuziga bittirgan. Ana shu bitik keyinchalik javohir taqdirida ma’lum ahamiyat kasb etdi.

Nodirshoh turkiy boʻlib, afshar urugʻiga mansub. Xurosonlik. Uni yoshlikdan namoyonlashgan noyob sarkardalik iste’dodi, botirligi va ziyrakligi yuksaklarga olib chiqdi. 1726 yilda safaviylar sulolasining eng oxirgi vakili Taxmosibshohga bu ajoyib sarkarda yigit juda yoqib qoldi. Uni oʻz xizmatiga olib, Taxmosibqulixon degan yangi ism berdi. Soʻng mamlakatga tajovuz qilayotgan afgʻon urugʻlarining adabini berib qoʻyishni topshirdi. Nodir 1729 yilda Xurosonga kelib oʻrnashib olgan afgʻonlarni jangda yengdi, 1730 yilda Eronga qaytib ketdi. Bunga usmonli turklarning safaviylar yeriga hujum qilgani sababchi edi. Afgʻonlarning abdali urugʻi hokimi Zulfiqorxon fursatdan foydalanib, yana Hirotni egalladi va oʻzini shahar hokimi deb e’lon qildi. Nodir orqaga qaytishga majbur boʻldi. U oʻttiz ming askar bilan yana Hirotga hujum qildi va egalladi. Zulfiqorxon Nodirning kuchini yaxshi bilgani uchun, hokimlikni oʻziga qarshi fitna tayyorlayotgan Olloyorxonga topshirib, Kandahorga ketishga ulgurdi. Biroq Kandahor hokimi Husaynshohga Olloyorxonning magʻlubiyati xabari yetib kelgach, u Zulfiqorxondan shubhalanib, uni va ukasi Ahmadxonni zindonga tashlatdi. Ahmadxon akasidan yigirma besh yosh kichik boʻlib, onasi boshqa edi.

Nodir Hirotni qayta olayotgan bu vaqtda Taxmosib usmonlilar bilan shunday bir sulh tuzdiki, u koʻpchilikning, shu jumladan Nodirning ham gʻashini keltirdi. 1732 yilda Nodir Isfahonga keldi va barcha sarkarda-a’yonlarni yigʻib, qurultoy oʻtkazdi. Qurultoy Taxmosibni taxtdan tushirib, uning sakkiz oylik oʻgʻli Abbosni shoh deb e’lon qildi. Nodir esa Abbosshoh III nomidan ish yuritishni oʻz zimmasiga oldi.

U hukmronlikni juda muvaffaqiyatli boshladi. 1733—1735 yillarda Turkiya bilan zafarli urush olib bordi. Kavkaz, Kaspiy oldi yerlaridan rus askarlarini quvib chiqardi. Eronning barcha tarixiy yerlarini oʻziga boʻysundirdi. 1736 yili Mugʻon choʻlida Katta Qurultoy chaqirildi. Qurultoyga yigʻilgan barcha sarkardalar, saroy a’yonlari, din peshvolari buyuk ishlar qilayotgan Nodirdan Eron taxtini rasman egallashni iltimos qildilar. Nodir bunga rozi boʻlmadi, shart qoʻydi. (Aksari tarixiy kitoblarda bu juda hayratlanarli shart haqida yozilmagan). Shartning mazmuni shu ediki, barcha shia mazhabidagi oliy va oddiy kishilar sunniylikni qabul etishlari lozim. Faqat ana shundagina Nodir taxtga oʻtirish azobini tortishga rozidir. Hech kim bu shartga qarshi chiqmadi va 8-mart kuni Nodirga toj kiydirildi. Bu voqea Nodirshohning faqat buyuk sarkardagina emas, katta siyosatdon ekanligini ham koʻrsatadi.

1738 yilda Nodirshoh Kandahorni egalladi va Hind sari yuzlandi.

* * *

Bu davrdagi boburiylar davlatining shohi Muhammad Goʻrxon oʻrnatgan hokimiyat boʻsh-bayovgina edi. Nodirshoh, hattoki, Muhammadshoh qoʻshinlarining kuchsizligini, landovurligini koʻrib hayratga tushgan. Saroy a’yonlarining tilyogʻlama, beburdligidan jahli chiqqan. U Muhammadshohga bunday a’yonlardan, xususan, Nizom ul-Mulk va Saodatxondan voz kechish lozim, degan maslahatni ham bergan.

Nodirshoh Dehliga yaqinlashguncha jiddiy qarshilikka uchramadi. U Panjob viloyatini egallagachgina, Nizom ul-Mulk boshchiligidagi Muhammadshoh qoʻshinlari Karnal qal’asida mustahkamlandilar. Nodirshoh bu qoʻshin bilan jangga kirishmadi, ularni aylanib oʻtib, Panipatni oldi va Dehli bilan Karnal oʻrtasidagi aloqani uzdi. Faqat shundan soʻng, ikki qoʻshin oʻrtasida jang boshlandi. Nodirshohda ellik besh minglik, boburiylarda yetmish besh minglik lashkar bor edi. Jang uch soat davom etdi, bunda, asosan, hindlar «emish» boʻldilar, ulardan sakkiz ming kishi halok boʻldi. Shundan keyin, tomonlar sulh tuzishga kelishdilar. Boburiylar besh million rupiy tovon toʻlashga, Nodirshoh esa bu pul evaziga oʻz qoʻshinini olib chiqib ketishga rozi boʻldilar. Ammo Muhammadshoh saroyidagi gʻalamislik bu sulhni buzdi. Ayni shu kunlarda boburiylar saroyining a’yoni Xon Davron vafot etib, uning oʻrniga Nizom ul-Mulkning katta oʻgʻli oʻtqazildi va Nodirshoh qarorgohida garovga ushlab turilgan boshqa a’yon, asli nishopurlik Saodatxonning bunga gʻayirligi keldi. U Nodirshoh qabuliga kirishni soʻradi.

* * *

— Hazrat! — dedi Saodatxon tiz choʻkib, ta’zim qilar ekan. — Siz Hindistondan arzimas oʻlja bilan ketayotirsiz!
— Nahotki? — Nodirshohning qovoqlari uyuldi. — Bu qanday ish boʻldi? Meni chalgʻitishmoqchimi? Qani eshitaylik-chi.
— Gapiravering, tortinmang, muhtaram Saodatxon!

Saodatxon iltijoli, mute va ayni paytda ochkoʻzlik, alam yaltirayotgan koʻzlarini Nodirshohga qaratdi.

Hazratim! Siz Dehliga kirmay chakki ish qilayapsiz! Sizga va’da qilingan besh million rupiy ham oʻlja boʻlibdimi? Dehli xazinasidan kam deganda ikki yuz million rupiylik tilla olasiz. Javohirotlar esa olamda yagona. «Koʻhinur» olmosi, «Chirogʻi olam» yoquti, «Shoh» ismli yaxlit olmoslar juda ajib! Shunday narsalarni indamay tashlab ketaberasizmi?!

Nodirshoh hayrat ogʻushiga choʻmdi. Nahotki!? Bu mal’un aldamayotirmi? Maqsadi ne? Agar bunikg gapi chin boʻlsa, shuncha boylikni olmaslik ham ahmoqlikdir.
— Muhtaram Saodatxon! Men chuqur hayratdaman. Nega siz shohingizga xiyonat qilib, meni yana jangga undayotirsiz? Maqsadingiz ne?
— Hazratim! Muhammadshoh butunlay Nizom ul-Mulk izmiga tushib qolgan. Bizdek sodiq, mehnatkash a’yonlarning chekkan zahmatlari inobatga olinmay, obroʻ-e’tiborlarimiz toptalayotir. Shu bois, men sizning buyuk, jasoratga toʻliq va bahodirona siymongizni koʻrib, xizma-ingizga oʻtkali shaylandim. Shoyadkim, ushbu xizmatim tufayli, siz Muhammad Goʻrxonni yanchganingizdan soʻng, menga loyiq bir mansab bersangiz, sizga itdek sodiq boʻlib qolar edim. Mening asl Vatanim ham Erondir.

Nodirshoh yana oʻyga choʻmdi. O’z piriga sodiq boʻlmagan kimsa, boshqa birovga vafo qilarmidi?
— Muhtaram Saodatxon! Qimmatli ma’lumotingiz uchun katta tashakkur. Biz albatta Dehliga kiramiz, osori-atiqalarni tomosha qilamiz. O’zimizga atalgan tuhfalarni olamiz. Lekin, Muhammadshohni yanchish mening dilimda yoʻqdir. Ul zot shohlar shohi Sulton Sohibqiron avlodidandirlar. Dini islom yoʻlida ulkan xizmatlar qilgan buyuk temuriylar sulolasini tugatishni istamasman. Tarixda bunday nom qoldirish aslo joiz emas... Sizning xizmatingizga minnatdorchilik ramzi sifatida bizning tuhfamizni qabul eting.— Nodirshoh oʻz mulozimlariga oʻgirildi:
— Zarbof chopon!

Saodatxon yelkasiga sarupo yopildi. U ta’zim qildi-da, «Qulluq, hazrat!» deya orqasi bilan yurib qarorgohni tark etdi.

* * *

Bir necha kundan soʻng, Nodirshoh Muhammad Goʻrxonni oʻz qarorgohiga taklif qilib, mehmondorchilik uyushtirdi. Lekin, boburiylar shohining darhol qaytib ketishiga yoʻl qoʻymay olib qoldi. Qisqa muzokaradan keyin, ikki shohning vakillari hind qoʻshinlariga yaqinlashib, yangi sulh tuzilganligini, hammaning tarqalishi mumkinligini aytishdi. Hindlar uylariga ravona boʻldilar. Shundan soʻng Nodirshoh Muhammad Goʻrxonga ijozat berib, yaqin kunlarda Dehlini ziyorat qilish niyatida ekanligini barchaga aytdi.

1739 yil 20 mart kuni u Dehliga kirib bordi. Uni katta dabdaba bilan kutib oldilar.

Bir necha kun avvalgi muzokarada ikki shohning qanday suhbat qurganlari bizga noma’lum, biroq Dehlidagi uchrashuvda Nodirshoh Muhammad Goʻrxonni Hindiston hukmdori sifatida tan olishini e’lon qildi. Muhammadshoh esa minnatdorchilik bildirib, saroy xazinasidagi oltin-kumushlarni va duru javohirlarni Eron shohiga in’om etdi. 21 mart kuni bomdod namozida Nodirshoh nomi xutbaga qoʻshib oʻqildi.

Nodirshoh oltin, kumush va javohirotlarni qoʻshib hisoblaganda Hindistondan yetti yuz million rupiylik oʻlja olib qaytdi. Boburiylarning gʻarbiy yerlari uning davlatiga qoʻshib olindi.

Shunday qilib, «Koʻhinur», «Shoh» olmoslari, «Chirogʻi olam» yoquti Isfahonga qarab yoʻl oldi. Shu bilan «Buyuk Amir Temur yoquti» temuriylar qoʻlidan bir umrga ketdi.

* * *

Nodirshoh Hirotda dam olar ekan, yangi bir yurish toʻgʻrisidagi oʻy unga tinchlik bermay qoʻydi. U usmonlilarning adabini berdi — yaqin orada bosh suqishmaydi, oʻrislarni Kaspiy boʻylaridan haydadi — u yerlardagi moʻmin-musulmonlar juda minnatdor, Hinddan katta oʻljv olib qaytdi — oʻzlaridan koʻrishsin. Afgʻon yurti ham oʻziniki — odamlari sadoqatli chiqdi. Endi bir Buxoro-yu, Xevaga tashrif buyurib kuchini koʻrsatib qoʻysa, davlatining chegaralari ancha kengayardi. Bunga quvvat yetarli. Lashkar jangga shay. Yangi-yangi oʻljalar ishtiyoqida yonib turibdi. Yaqinda qoʻshilgan afgʻon jangchilari ham katta kuch. Afgʻoniy sarkarda Nurmuhammad Xilzoy ularni yaxshi boshqaradi. Unga yordamchilar ham zarur. O’zi topa qolsin. Ammo, baribir, ularni oʻzi nazardan oʻtkazishi lozim. Ha, aytganday, Ahmadxonni ham unutmaslik kerak.

Nodirshoh Kandahorni egallaganda, sakkiz yildan beri zindonda yotgan Zulfiqorxon va uning ukasi Ahmadxonni ozod qilgan edi. Zulfiqorxonni mana Mozandaronga joʻnatdi. Ukasi esa Nodirshohdan ajralishni istamayotir. U nasl-nasabli, yaxshi tarbiya olgan.

Nodirshoh huzuriga Nurmuhammad Xilzoyni chaqirib, u bilan suhbat qurib boʻlgach, mulozimlariga buyurdi:
— Ahmadxonni yoʻqlang!

Ahmadxon kirib ta’zim qildi-da, salom berdi.
— Men sizning botir yigit ekanligingizdan xabarim bor,— dedi Nodirshoh.— Shu bois, sizni afgʻon qoʻshini boʻlinmalarining biriga boshliq qilib tayinlashni lozim topdim.
— Qulluq, hazratim! O’la-oʻlgunimcha xizmatingizdadirman. Ishonchingizni sharaf bilan oqlashga intilurman.

Nodirshoh oʻt-olovdek yonib, asov otdek pishqirib turgan, ayni kuch-gʻayratga toʻlgan bu yigitga qarab jilmaydi.
— Biz yaqinda Buxoro tomon yurish qilamiz. Agar janglarda shijoat va matonat koʻrsatsangiz, mavqeingiz yanada oshadir.
— Qulluq, hazratim!

Ahmadxon faqat Buxoro yurishida emas, Armanistonni zabt etishda, Dogʻistondan kofirlarni quvish janglarida ham yuksak mahorat va jasurlik koʻrsatdiki, natijada u Nodirshohning eng ishonchli kishilaridan biriga aylandi. U afgʻonlarning abdali qabilasi jangchilarigagina emas, oʻzbek otliq askarlariga ham qoʻmondonlik qila boshladi.

* * *

1747 yilga kelib Nodirshohning siyosati ba’zi eroniy namoyondalarga xush kelmay qoldi. Buni his qilgan Nodirshoh oʻziga koʻproq afgʻonlarni, turkiylarni yaqin ola boshladi. Bu esa eroniylarning yanada gʻashini keltirdi. Ular Nodirshohni yoʻqotish payiga tushdilar. Bundan xabar topgan shoh ularning ba’zilarini jazolashga qaror qildi. Lekin ulgurmadi. 20-iyunda, qoʻzgʻolon koʻtargan kurdlarni tinchitish vaqtida, Fathobod yaqinidagi tepalikka qarorgoh qurgan Nodirshoh oʻldirildi (bu tepalik hozir ham Nodirtepa deb ataladi). Bundan xabar topgan qoʻshinning eroniy qismi Nodirshohning doimo oʻzi bilan olib yuruvchi harami va xazinasini talash maqsvdiga tushdilar. Lekin Ahmadxon afgʻon jangchilariga va oʻzbek otliq askarlariga tayanib, pirining haramini tarojdan saqlab qoldi. Eronliklar jasur oʻzbek va afgʻon lashkariga qarshi chiqishga jazm qila olmadilar. Bundan minnatdor boʻlgan Nodirshohning sevikli xotini Ahmadxonga oʻz hurmatini izhor etib sovgʻalar joʻnatdi. Vo ajab! Bu tuhfalar ichida olamga dong taratgan «Koʻhinur» va «Chirogʻi olam» bor edi!..

* * *

Men bu ma’lumotdan hayratga tushdim. Mening hayot tajribam, oʻqiganlarim, kuzatishlarim koʻpincha sadoqat va jasurlik, piriga boʻlgan hurmat va e’tiqod kabi xususiyatlarning bunday darajada taqdirlanishini koʻrsatmagandi. Aksariyat, makr-hiyla, xiyonat, zoʻravonlik gʻalaba qilishini kuzatgandim. Nega bu yerda hayotning achchiq qonuni oʻz kuchini ishlatmvdi? Malika ikki ogʻiz minnatdorchilik nomasini yuborib koʻyaqolsa boʻlmasmidi? Yoki Ahmadxon biror narsa ta’ma qilarmidi? Menimcha, yoʻq. Mulohaza qilib koʻrsam, hayotdagi har bir qonunning bajarilishida, xuddi fizika qonunlariga monand, ma’lum bir chegaralar mavjud ekan. Agar, ana shunday chegaraviy shartlar avvaldan kiritilib, unga qat’iy amal qilinsa, kerakli natijani olishing mumkin ekan. Ushbu hodisotda Ahmadxonning koʻngli pokligi, sadoqati, e’tiqodi va pirining oliyjanobligi, nasl-nasabliligi aytilgan chegaraviy shartlardir.

Ahmadxon kelgusida yanada buyuk ishlarni amalga oshirdi. Uni haqiqatdan ham pirining ruhi qoʻlladi.

* * *

Nodirshohning oʻlimidan soʻng, Ahmadxon va Nurmuhammvd Xilzoy Eronning ichki ishlvriga aralashishni istamay barcha qoʻshinlari bilvn Kandvhorgv qaytdilvr va mustaqil vfgʻon dvvlvtini tuzishga qaror qildilvr. Oldinda Afgʻoniston podshohini saylash muammosi koʻndalang boʻlib qoldi. Buning uchun barcha afgʻon qabilalvrining svrdorlvri Kvndahorgv yigʻildilvr.

Jirgʻa oʻn kun mobvynidv bir qvrorga kelolmadi. Svylvnajak podshoh qatnashuvchilarning yarmidan koʻpini emas, hammani qanoatlantirishi kerak edi. Koʻpgina yirik qabilalarning boshliqlari, xususan, Nurmuhammad Xilzoy ham oʻz nomzodlarini oʻtkazolmadilar. Shuncha kun mobaynida Ahmadxon oʻz nomzodi haqida churq etib ogʻiz ochmadi. Biroq oʻninchi kun qatnashuvchilarning biri — Kobul hokimi Sobirshoh Ahmadxonni podshoh etib saylashni taklif etdi. «U,— dedi Sobirshoh,— qalbi pok inson, katta harbiy va hayotiy tajribaga ega!» Bu tvklifga hech kim qarshi fikr bildirolmadi. Shunday qilib, yigirma besh yashar Ahmadxon Afgʻoniston podshohi etib saylandi. Bu 1747 yilning oktyabr oyida sodir boʻldi.

Ahmadshohning nomi faqat «Chirogʻi olam»ning yoniq yuzidagina emas, Afgʻonistonning, butun O’rta Osiyoning tarixida oʻchmas iz qoldirdi. O’sha davrdan beri Afgʻoniston oʻz mustaqilligini yoʻqotmadi.

Ahmadshoh ajoyib inson boʻlgani uchun Duri Davron, keyinchalik Durroniy deb ataldi. U afgʻon podshohlarining durroniylar sulolasini vujudga keltirdi. Ahmadshoh Durroniy 1773 yilda vafot etib, oʻzidan soʻng qirq million aholili, katta xazinali va kuchli qoʻshinga ega boʻlgan davlatni oʻgʻli Temurshohga qoldirdi.

* * *

Temurshoh Durroniy poytaxtni Kandahordan Kobulga koʻchirdi. Xazina, shu jumladan «Koʻhinur» va «Chirogʻi olam» ham u yerga olib ketildi.

1793 yil Temurshoh vafot etdi. Taxtga uning yigirma uch oʻgʻlining beshinchisi Zamon Mirzo oʻtirdi. Shu vaqtdan durroniylar davlatida notinchlik hukm sura boshladi. Panjob viloyati qoʻldan ketdi. U sikxlarga qaram boʻlib qoldi. 1799 yil Zamonshoh oʻn toʻqqiz yoshli sikx rojasi Ranjit Singx bilan qoʻshilib Panjobni qayta egallashga urindi, lekin natijaga erisholmadi. Ranjit Singx esa Lohurni zabt etishga muvaffaq boʻldi. Zamon Mirzoning hukmdorligi uzoqqa choʻzilmadi. 1800 yili ukasi Mahmud uni taxtdan qulatib, koʻzlariga mil torttirdi. Biroq u ham, uch yil oʻtgach, boshqa uka — Shuja ul-Mulk tomonidan agʻdarildi. Shuja ul-Mulkni xalq va saroy ahli xush koʻrmadi. U kuchli shaxs emasdi. Ziyraklik va hushyorlik kabi xislatlar unga yot edi. Tez orada xazina ham boʻshab qoldi. Natijada 1813 yili saroy a’yonlari taxtga yana qayta Mahmudni chiqardilar. Shuja ul-Mulk Lohurga, Ranjit Singx panohiga qochishga majbur boʻldi. U oʻzi bilan «Chirogʻi olam» va «Koʻhinur»ni olib ketdi. Vaqti kelib sikx rojasi javohirlardan xabar topdi va boshpana evaziga ularni oʻziga berishni talab qildi.

* * *

Shuja ul-Mulk rozi boʻlmadi. Bu javohirlardan ajrash — omad va baxtdan ajrash demakdir.
— Marhamatli roja, afsuski, siz mendan bajarish mumkin boʻlmagan narsani soʻrayapsiz. Men sizga jonimni berishga tayyorman, lekin «Koʻhinur» va «Chirogʻi olam»ni berolmayman.

Ranjit Singx gʻazablandi. Bu qanday koʻrnamaklik! Men uning hayotini asrab qolgan boʻlsam, boshpana berib shohona turmush kechirishiga barcha imkoniyatlarni yaratsam-u, u mendan javohirlarini qizgʻansa?! Yoʻq, bu koʻrnamakdan javohirlarni kuch bilan boʻlsa-da, tortib olish kerak.
— Oliyzot Shuja ul-Mulk! Biz axir doʻstmiz. Mening uyim — sizning uyingiz. Mening boyligim, qudratim — sizning ham boyligingiz, kuch-quvvatingizdir. Nahotki, siz oʻz doʻstingizdan qandaydir bir javohirlarni ayasangiz?

Shuja ul-Mulk boshini xam qildi.
— Ming bor uzr, marhamatli roja! Bu javohirotlar bobom Ahmadshohdan esdalikdir. Toshlar bobomizga omad va baxt, tanalariga kuch, dillariga bardamlik baxsh etganlar. Ular menga ham shunday tole keltirishiga ishonaman. Javohirlarni yoʻqotish — oʻzligimni yoʻqotishdir. Mayli, istagan boshqa narsalarimni oling, biroq bu ikki toshni aslo hadya etolmayman...

Rojaning toshlarga boʻlgan havasi yanada ortdi. Demak, «Chirogʻi olam» va «Koʻhinur» oddiy noyob javohir emas, sehrli xususiyatga ham ega ekan-da! U holda, ularni albatta tortib olish darkor.
— Oliyzot Shuja ul-Mulk! Gaplaringiz dilimni yumshatdi. Ammo, ayting-chi, ularga nazar tashlash ham mumkin emasmi?
— Marhamatli roja! Keling, shu toshlar haqida gaplashmaylik.

Ranjit Singxning gʻazabi qaynadi.
— Oliyzot Shuja ul-Mulk!! Tuzni ichib tuzluqqa tupurmang! Javohirlarni qaerga yashirgansiz?!
— Afsuski, marhamatli roja, bu narsani aytolmayman.

Ranjit Singx mulozimlariga oʻgirildi. Uning qoracha yuzi yanada qorayib ketgandi.
— Mana bu koʻrnamakni zindonga tashlang! Ovqat va suv bermang!

Shuja ul-Mulk bandi qilib olib chiqib ketildi.

Ikki kun oʻtgach, holsizlanib qolgan quvgʻindagi shoh yana roja huzuriga keltirildi.
— Xoʻsh, oliyzot Shuja ul-Mulk, endi aytarsiz javohirlarning qaerdaligini? Ogohlantirib qoʻyay, agar yana oʻjarlik qilsangiz, mulozimlarga buyuraman, sizni oʻlasi qilib kaltaklashadi.

Shuja ul-Mulk kirtayib qolgan nursiz koʻzlarini unga tikdi. Suvsizlikdan yorilgan lablarini qimtidi.
— Marhamatli roja, mayli kaltaklating...

Roja mulozimlarga imladi. Ular shu zahotiyoq quvgʻin afgʻon shohini olib chiqib rosa kaltaklashdi. Soʻng roja huzuriga sudrab kelishdi. Ranjit Singx Shuja ul-Mulkka yaqinlashdi.
— Nega?— dedi u dargʻazab ohangda.— Nega aytmayotirsiz? Axir oʻlib ketasiz-ku!

Shuja ul-Mulk oʻzi boqiyga rixlat qilsa, roja javohirlarni topa olmasligini bilar edi. Ranjit uni oʻldirolmaydi. Shuning uchun, koʻzlarini yumib ochdi. Bu, «mayli, oʻlsam oʻlaqolay», degani edi. Roja buni yaxshi angladi. U boshqacha qarorga keldi.
— Oliyzot Shuja ul-Mulk! Endi oʻzingizdan koʻring. Sizni oʻldirtirmayman, lekin jazosiz ham qoldirmayman. Men sizning koʻzlaringizga mil torttiraman. Shundan keyin koʻrasiz, oʻsha javohirotlar sizga qanday omad va baxt keltirishini! — Ranjit Singx mulozimlarga oʻgirildi.— Jallod! Ayting, buning koʻzlarini oʻysin!

Jallod hozir boʻldi. Milni ushlab, Shuja ul-Mulk koʻzlarini oʻziga qaratdi. Ayni shu damda quvgʻindagi shoh bazoʻr soʻz qotdi:
— Toʻxta... Rojani chaqir... Aytaman...

Shu bilan, «Chirogʻi olam» va «Koʻhinur» sikx rojasi Ranjit Singx qoʻliga oʻtib qoldi. Shuja ul-Mulk esa inglizlar tomonidan zabt etilgan yerlarga — Ludxianaga ketdi. Ular quvgʻindagi shohga boshpana berib, nafaqa tayinladilar.

* * *

Ranjit Singx oʻz yerlarini to 1823 yilgacha kengaytirib bordi. Balki, chindan ham unga javohirotlar omad va qudrat bagʻishlagandirlar?! Biroq u inglizlar bosib olgan yerlarni tortib ololmadi. U afgʻonlardan Kashmirni, Peshovarni olib qoʻydi. Uning davlati kengayib, ancha mustahkamlandi.

Ranjit Singx 1839 yili vafot etdi. Uning valiahdi Kxaran Singx koʻp podshohlik qilolmadi, 1840 yili omonatini topshirdi. Taxtga Ranjit Singxning ikkinchi oʻgʻli Sher Singx oʻtirdi. U 1843 yildagi ichki toʻpolonlarda oʻldirildi. Shundan soʻng, taxtga Ranjit Singxning eng kichik farzandi olti yoshlik Dalip Singx oʻtqazildi.

Bu davrda inglizlarning Hindistondagi kuchlari oshib bormoqda edi. Ularning bosqinchi qoʻshinlari Panjobni ham istilo qilishga uzoq urinishdi. Va nihoyat, 1849 yilda Lohur egallandi. O’n ikki yoshli roja Dalip Singx bir umrlik nafaqa evaziga taxtdan va xazinadan, shu jumladan javohirotlardan voz kechish «sulh»iga qoʻl qoʻyishga majbur etildi. «Chirogʻi olam» va «Koʻhinur» inglizlarning mustamlakachi Ost-Ind kompaniyasi qoʻliga oʻtdi.

Bu kompaniyaning mutaxassislari «Chirogʻi olam»ning oʻta noyob tarixiy tosh ekanligini anglay olmadilar. Ular asosan «Koʻhinur»ga e’tibor qilib, uni Ingliziston qirolichasi Viktoriyaga tuhfa etdilar. 1851 yilda Londonda barcha talon-taroj qilingan javohirlarning katta koʻrgazmasi uyushtirildi. U yerga qoʻyilgan «Chirogʻi olam»ga mana bunday izoh berilgandi: «toʻrtta katta shpinel — yoqutdan iborat taqinchoq». Shu bilan «Chirogʻi olam»ning oʻzi ham, nomi ham bir necha oʻn yilliklarga unut boʻlib ketdi.

Oradan oltmish yildan koʻproq vaqt oʻtdi. 1912 yili ingliz javohirshunosi Jeyms Xerbert Smitning diqqatini ulkan yoqutdagi yozuvlar tortdi. Undagi eng yirik bitiklarni arabcha alifbo biluvchilarga oʻqitib koʻrdi va tarjima qildirdi: «Bu, Isfahonga 1153 yil Hindistondan olib kelingan yoqut, shohlar shohi Sulton Sohibqironning yigirma besh ming asl javohirotlaridan biridir». «Demak, u yoqut buyuk Amir Temurning javohiri ekan!» — xulosa chiqardi javohirshunos va uni shu nom bilan atay boshladi. Nodirshohning bitigi yoqutga yangi nom berilishiga sabab boʻldi. Keyinchalik uning dunyoga mashhur «Chirogʻi olam» ekanligi aniqlandi. Baribir, hozir u G’arbda «Buyuk Amir Temur yoquti» deb atalib kelinadi.

* * *

Goho-goho menga uzoqlardan, aniqrogʻi, sertuman Albion deb ataluvchi Britaniya orolidagi qirol oilasi istiqomat qiluvchi Bukinxem saroyidan bir nido kelayotgandek tuyuladi. «Meni buyuk Amir Temur avlodlari yashayotgan serquyosh, nurli oʻlkaga olib keting!— iltimos qiladi u nido.— Men olam chirogʻi boʻlganim bilan, yorugʻ nurlarni toʻyib emib turmasam, nozik jilolar taratolmayman...» «Afsuski, biz buyuk Amir Temurga munosib avlod emasmiz,— oʻylayman men.— Bu peshona emas, koʻrgilikdir. Biz kelgusi avlodlar oldida ham jazoga mustahiqmiz. Bizni kechir, bu ish qoʻlimizdan kelmaydi. Senga egalik qilishga, ma’naviy ojizligimiz tufayli, aslo haqqimiz yoʻq... Ammo mening qalbim, bu satrlardan sening mavjudligingni bilgan xalqimning ham qalbi sen bilan birgadir».

Lekin u nido mening oʻylarimga quloq tutmaydi...