OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOzod Mustafo
Asar nomiBesh suhbat (mansuralar)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ozod Mustafo
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Mansuralar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Besh suhbat (mansuralar)
Ozod Mustafo

Birinichi Suhbat: Surat va Siyrat

Surat siyratdan soʻradi:
– Har qancha urinmayin, seni koʻrmoq va bilmoqdan gʻofilman. Oʻngu soʻlimga boqdim. Yoʻqsan. Qaerdasan oʻzing?
Siyrat dedi:
– Sen dunyoga yuz tutgansan. Shu sabab meni na anglaysan, na tushunasan. Bas!
Undan yuzingni bur! Ammo unga orqa oʻgirma! Ana shunda men senga koʻrinaman!
Suratxona – ajib maskan.
Mening yodim – bir piyola choy.
U yodimga oqqand solib, qoʻzgʻolon qildi.
Piyola ichidagi choy qoshiqqa ergashdi.
Koʻpik va shamalar uning ortidan yurdi.
Deganlarim kandaydir gʻalati.
Har qadamimda uchragan suratlar allanimalarni eslatib yubordi menga.
Hozirgi gaplar xayolimga keldi.
Oddiygina qoidani unutganim yoʻq.
Suratga uncha yaqin bormadim.
Juda yiroq ketmadim ham.
Oʻrtada turib barini bilib oldim.
Atrofimdagi botiniylikni tuydim.
Endi hech narsa sir emas.
Hammasi menga zohirdek.
Musavvirga qizikdim.
Uni koʻrish ishtiyoqi tugʻildi.
Har bir surat menga uni eslatadi.
Ajablandim.
Hali musavvirni koʻrganim yoʻgʻ-u, ammo unga yaqin kishidayman.
Ancha yillik qadrdonmiz goʻyo.
Jonsiz suratdan sas keldi.
Musavvir menga nimadir aytdi.
Gapirishga oshiqmadim.
Hozirchalik tinglaganim ma’qul.
Nima derdim men?
Shunchaki sinchkov boʻla qoldim.
Keyin bir narsa boshimga taqaldi.
Toʻgʻri-da!
Qaysi suratkash suratlarida oʻzining ichki kechinmalarini, qarashlarini bayon etmaydi?
Musavvirning naqadar nozik did va aql egasi ekanligini angladim.
Oʻzimni uning qoʻlidagi moʻyqalamning hech bir moʻyiga-da arzitmadim.
Qulogʻimga yana bir ovoz chalindi.
Qarshimdagi surat gapirdimi menga?
Ilgari bularning barini jonsiz deb oʻylagandim.
Joni borga oʻxshaydi.
Unga yaqin bordim.
Atrofimda xech kim koʻrinmadi.
Bemalol soʻzlayverdim.
Meni chaqirdingmi?
Gaping bormidi?
Aytaqol.
Suratning soʻzlashini poyladim.
Indamadim.
Choʻchitdimmi deyman seni?
Nega jimsan?
Oʻzimning ham senda gapim bor.
Qanaqa gapligiga qizikdingmi?
«Surat» otligʻ allanarsasan sen.
Siyrating kani?
Hamma suratda boʻladimi u?
Bilaman, soʻzlashga uzun til kerak.
Senda u yoʻq.
Yuqorida boʻrttirib gapirdim.
Qulogʻimga begona tovush eshitilgani rost.
Chuchuk tiling bilan meni chaqirmoqqa uringansan hoynahoy?
Ishora qilsang bas,
Seni darrov tushunib olaman.
Oʻzingni koʻp ham qiynama.
Ehtimol, orqangdagi tirgak siyratingdir.
Yoki seni devordagi mixga ilib qoʻyganlarida, oʻsha mixni siyrat deb tushunsam boʻladi.
Shundaymi?
Qaddingni yerga urmay, balandga koʻtaradigan shular-ku.
Sen kabilarning bari tirgakka tiralib, mixga ilinmagan.
Ular qolip(ramka)ga kirmaganlari uchun shunday.
Hayron bulamanki, siyrat nega yashirin?
Oshkor etsa boʻlmaydimi oʻzini?
Balki, mening fikr yuritmogʻim sababidan ushbu nav’ boʻlsa-chi?
Qachonlardir aqlimni ishlatmogʻim shart-ku, axir.
Siyratni sen yashirib turganing menga ayon.
Uni bilishdan mahrum etmoqchimisan meni?
...Tuhmatga qolding.
Adashdim chogʻi.
Jonkuyarliging yodimdan koʻtarildi.
Eshikdan kirganlar suratlargagina qiziqishadi.
Siyratni unutayozadilar.
Sen esa ularga orqa oʻgirasan.
Birovdan ranjimading.
Boshqalardan yuz oʻgirganing ham yoʻq.
Ularga siyratni koʻrsatmoqchisan, xolos.
Biror bema’nilik koʻnglingga kelmadi.
Tomoshaga kirganlar buni oʻzgacha tushunishdi.
Boshqacha xayol qildilar.
Kuch ishlatib seni dunyo bilan yuzma-yuz qilib qoʻyishdi.
Ustingdan kulgan kabi yaramas nigohlar bilan bechora holingga bir zum tikildilar.
Ular ketishgach yana orqa oʻgirding.
Seni chetroqdan kuzatib turuvdim.
Oʻtgan kunim esimga tushdi.
Oʻzimni oʻzimga eslatding.
Bir paytlar men ham sendek ish tutganman.
Bundan naf chiqmadi.
Seni tushunaman.
Hoziroq boshqacha yoʻl tutsang qiynalasan.
Asta-asta koʻnikasan.
Xuddi mendek.
Hozirgi qilmishing notoʻgʻriligini tushunib yetasan.
Oʻz holingcha qolaver.
Boshqalarning oʻzi ortingdagi narsani ilgʻasin.
Devorga qandayin ilinib turganing qadding qay holda tik turganiga ajablanishmaydimi?
Demak, ortingda nimadir bor.
Oʻzlari surat orqasiga yashirin seyf qurmaganmidilar.
Ortingda behisob boylik borligini unutib quyishgani aqlga sigʻmaydi.
Seni koʻrib eslamaydilarmi?
Bu suratlarning bari Eslatma ekani ularning yodidan koʻtarilgan.
Eslaganlarning najot topishi haqida xushxabar yetib kelmaganmidi?
Nega ikki dunyo saodatini koʻzlamaydilar?
Ularning hammasida ochiq koʻz bor emasmi?
Koʻngil koʻzlari uyqudadir ehtimol?
Qanday uygʻotsam boʻlarkan?
Bunisi menga qorongʻi.
Shu jumboqqa javob izlab yuribman.
Senga aytadiganlarim ushbu.
Boshqa gap-soʻz qolmadi.
Keyingi suratlarga ham tikila qolay.
Lozim topsam ular bilan suhbat quraman.
Aytgancha, menga Musavvirning qaerdaligini aytolmaysanmi?
Shu haqida biror ishora qilmading.
Hechqisi yoʻq.
Boshqalardan soʻrab koʻray.
Ular bilishlari mumkin.
Tomoshaga kelganman.
Toki tomosha vaqtim tugamaguncha shu atrofda izgʻib yuraman.

Ikkinchi Suhbat: Tobut Va Beshik

Tobut beshikdan soʻradi:
– Bu ne hol? Dam oldinga yurmoqchideksan, dam orqaga? Maqsading ne?
Beshik aytdi:
– Qarshimda turli yoʻllar turibdi. Shularning qay biridan yurishga hayronman. Boshim qotdi. Oʻzing-chi? Oʻzing shoshilib qaerga borayotibsan?
Tobut dedi:
– Oʻylab nima qildim. Mening borar yerim aniq...
Beshikka pichirladim.
Hoy, eshityapsanmi?
Meni tanimading chogʻi?
Men anavi jinniman.
«Darvesh» degan laqabim bor.
Bir ishning boshini tutmay koʻcha sanqib yuradigan bola bor-ku.
Oʻsha menman.
Tanidingmi?
Tanigan boʻlsang kel.
Birpas gaplashib oʻtiraylik.
Boshqalar bilan gaplashgim kelmaydi.
Ular nuqul mayda-chuyda narsalar haqida talashib tortishadilar.
Mening gaplarimni eshitmaydilar.
Soʻramasalar gapirmayman.
Sen esa gapimni boʻlmay meni eshitib oʻtiraverasan.
Gaplarim chin boʻlsa ham, uydirma boʻlsa ham e’tirozing yoʻq.
Hozirgi demoqchi boʻlganlarim senga taalluqli.
Sen beshiksan.
Ustingdagi qavat-qavat matolar men uchun seni dunyodan toʻsib turgan pardalarday tuyulmoqda.
Bu pardalar bir chetga surilsagina uni koʻra olishing mumkin.
Nega dunyoni sendan yashiradilar-a?
Ehtimol seni undan yashirayotgan boʻlsalar-chi?
Yomon xayollarga berilma.
Shunday ham boʻlsa bordir.
Oʻylaysan-ki, tagingdagi ikki qavat koʻrpachani his qilib, bu dunyo deganlari naqadar yumshoq, naqadar mayin, orombaxsh.
Men aniq koʻrib turibman.
Koʻrpachadan bir qadam keyin – gilam.
Gilamdan toʻrt-besh qadam soʻngra – qaro yer.
Dunyo qanchalik aldamchi!
Qanchalik ayyor va mugʻombir.
U seni avramoqda.
Qulogʻingdan tortqilayotgan odamzodning qoʻllari sen uchun toshdek qattiq boʻlib tuyulmokdadir.
Ularning bu qiligʻi sening joningga tekkani aniq.
Doimo qulogʻingdan ushlab tortganlari tortgan...
Qulogʻing uzilib ketmaganiga qoyil!
Ba’zi-ba’zida tinch qoʻyadilar.
...Pardalar bir chetga surilganida hali dunyoni koʻrishga ulgurarsan.
Koʻrasan-u, taajjubing oshadi.
Koʻzlaringga hayrat toʻladi.
Savol nazari bilan atrofingga alanglaysan.
Qulogʻingdan ushlab seni oʻzi tomon tortayotgan odamzodga angrayib tikilib qolasan.
Ikkinchi tomoningga ham qayrilasan.
Bu tomon boʻm-boʻsh boʻladi.
Savol tugʻiladi senda.
Ikkinchi tomoningdan kim seni oʻzi tomon tortqilamoqda.
Manavi boʻshliqmi?
Dunyo deganlari shudir.
Ha, albatta.
Bir tomondan odamzod, qarshi tomondan dunyo seni oʻz-oʻzlariga tortmoqdalar.
Sen mana shu ikkovi oʻrtasida talashsan goʻyo.
Ularning orasida turib boshingga boshqa xayollar quyilib keladi.
Bular seni oʻzlari tomonga tortmoqdamilar yoki bir-birlariga berib yuborishmoqchimi?
Qiziq!
Odamzod seni dunyo tomonga surib qoʻymoqchidek.
Dunyo esa aksincha.
U seni odamzod tarafga siljityapti.
Mana senga – dunyo!
Sen bilmoqchi boʻlgan narsalarning hammasi shu.
Chalkash-chulkashliklar seni qurshab olgan.
Toʻgʻri deganing xato.
Xato deganingni toʻgʻri deyishga majbursan.
Barchasini xayolingdan chiqar.
Boshidan oʻylashga tush.
Tagʻin shu gap.
Boshqachasi boʻlmaydi.
Hech narsani oʻylamay, bir yerga tikilib turaver.
Zerikmasliging uchun boshqa narsalar haqida gapirib beray.
Hozirgi koʻrganlaring hammasi emas.
Boshlangʻich taassurot.
Sen belanchakni koʻrmading.
Men uni bilaman.
Yoshligimda koʻrganman.
Sal-pal esimda.
U ham sen kabi ikki oʻt orasida sarson boʻlgani -boʻlgan edi.
Tuzilishi taxminan shunday.
Yap-yangi uzun arqon ikki qavat qilinib, uning bir uchi eshikning zulfiga, ikkinchi uchi qarshi tomondagi deraza dastagiga bogʻlanadi.
Oʻrtada arqonlarning orasi salgina kengroq ochilib, ustiga koʻrpacha tushaladi adashmasam.
U koʻp vaqt odamzod va boʻshliq orasida tebrangach, oxir-oqibat hayvoniy hirsiga bogʻlandi.
Ya’ni boʻshliq tomon siljib ketdi.
Shu bilan talashib-tortishish tugadi.
Menga uning bu qilgani yoqimsizday.
Butun umr avvalgi holicha qolishini durust koʻrardim.
Senga demoqchimanki, uning ishini takrorlab oʻtirma.
Boshqacha yoʻl tut.
Kuzatgan edimki, odamzod belanchakni dunyo tomon siljitib yuborardi, vassalom.
Uni oʻzi tomon tortib oʻtirmasdi.
Chetga tislanardi.
Belanchakning har ikki tomonidan boʻshliqqa tortilishiga indamay qarab turaverardilar(!)
Balki uning mening koʻnglimdagidek ish tutmaganiga boshqalar sababchidir.
Belanchakning bunda aybi yoʻqdir.
Xayriyatki, sen beshiksan.
Odamzod seni oʻzi tomon tortmaslikdan ilojsiz qolgan.
Umuman, atrofingdagi jonli-jonsiz narsalarni erinmay kuzat.
Toʻgʻri yoʻl qaysi ekanini koʻrsatib turuvchi Alomatlarni uqib ol.
Tobutga koʻzing tushsa, uni nega boshlariga koʻtarishlarini oʻylab koʻr.
Uning butun tanasi xokisor.
Sen esa har dam yerdan oyogʻingni uzmoqchi boʻlayotganingga aqling yetar shunda.
Oʻzingdagi kamchilikni bartaraf etishga urinarsan balki.
Nega bu soʻzlarni senga pichirlab aytayotganimga hayron boʻlma.
Kimdir buni eshitib xonaga kirsa suhbatimiz boʻlinadi.
«Kim bilan gaplashayapsan?», degan bema’ni savollarni bera boshlaydi.
Men boʻlsam beshik bilan deb toʻgʻrisini aytaman.
Kirgan kishi ustimdan kulib xonadan chiqib ketadi.
Bularni senga aytmasam ham boʻlardi.
Gap yoʻgʻida aytdim-da.
Tilimga boshqa soʻz kelmayapti.
Shunday ekan, omon boʻl, beshikvoy.

Uchinchi Suhbat: Qamchin Va Jilov

Qamchin jilovga aytdi:
– Namuncha tepsa tebranmassan.
Na pastga tushasan, na tepaga koʻtarilasan?
Men kabi koʻkka intilsang boʻlmaydimi?
Qarasang-chi, sendan tobora yuqorilab bormokdaman.
Jilov dedi:
– Otni yugurtirmoq uchun sen keraksan.
Yugurgan otni toʻxtatmoqchi boʻlishsa mendan najot kutishadi.
Ot yugursa sen chavandozdan yiroq ketasan.
Meni esa oʻzlariga tortadilar.
U toʻxtasa meni qoʻyib yuborib, seni oʻzlariga yaqin tutishadi.
Sen aytganchalik bir yerda turganim-turgan emas aslo.
Qamchin qoʻlimga tushsa ta’zirini bermoqchi boʻlib yuruvdim.
Bir kuni tasodifan yoʻlimda uchrab qoldi.
Birovnikimikan deb toʻrt tomonimga alangladim.
Hech kim koʻzimga koʻrinmadi.
Asta uni qoʻlimga oldim.
Koyiy boshladim.
– Loyga belanib yotibsanmi, qamchinjon!
Oʻzingga oʻxshamay qolibsan-ku.
Juda eskirgansan.
Nimjonsan.
Qaysi otning ustidan tushib qolding.
Ot seni tuyoqlari bilan bosib ham oʻtgandir.
Senga aytadiganlarim koʻp.
Bir yerga oʻtirib olmasam oyoqlarim ogʻrib qoladi.
Manavi toʻnka ustiga oʻtira qolay.
...Senga tanbeh bermoqchi edim.
Qarasam oʻpkang toʻla.
Salga yigʻlaysan deya nasihat qilmoqchiman.
Bir paytlar otga qiziqqansan, bilaman.
Unda hozirgidek nimjon boʻlmagansan.
Sergʻayrat, ayni kuchga toʻlgan paytlaringni aytayapman.
Otni hamisha yugurtirishga oshiqarding.
Yugurtirganing yugurtirgan edi.
Nimaning ortidan quvib yetmoqchi boʻlgansan.
Maqsading bormidi oʻzi?
Oʻylagansanki, otni qancha tez yugurtirsang shuncha azizsan.
Seni shunchalar tepaga koʻtarganlari-koʻtargan boʻlishardi.
Men bu holatni bir chekkadan kuzatib turgandim.
Oʻshandan keyin seni bir kunmas-bir kun uchratib qolsam, tanbeh bermoqchi boʻlib yuruvdim.
Bilmadim, sen oʻshamisan yoki boshqasi?
Boshqa boʻlganing bilan baribir oʻsha men koʻrgan qamchinning ishini takrorlaganing aniq.
Bu telba nega mening boshimni qotirayapti, deb xayol qilma.
Hali bunga xursand boʻlasan.
Shuning uchun gaplarimni oxirigacha eshit.
Yana qancha bilmadim-u, ammo xizmatga yaraydigan koʻrinasan.
Yoʻqsa bu gaplarni senga aytib oʻtirmagan boʻlardim.
Ot bilan bogʻliq xotiralaringni esga ol.
Avvalo, uning ustiga chiqib olgansan.
Keyin sekingina qamchilagansan.
Ot yoʻrgʻalay boshlagan.
Qattiqroq qamchilaganingda u yugura ketgan.
Shu yoʻsin ishingni davom ettirgansan.
Chavandozdan tobora yiroqlashib borayotganingga koʻzing tushmadimi?
Jilovning unga yakinlashayotganini ham koʻrmagandirsan.

Ot toʻxtab bir yerga bogʻlandi.

Chavandoz seni belbogʻiga qistirib, birrovga qaergadir kirib chiqmaganmidi?
Shundagina unga yaqinlashganingni sezmaganmiding?
Sezgansan.
Ammo, otni yugurtirish ishtiyoqi seni tark etmagan.
Tagʻin chavandozdan yiroqlasha boshlagansan...
Seni kuzatib turib qamchilayapsanmi yoki nimagadir ishora qilib, koʻrsatmokdamisan degan shubha uygʻongandi menda.
Bir paytlar maktab chogʻlari ustozimiz yozganlarini doskadan koʻrsatib turadigan uzun tayoqlari yodimga tushdi.
Tartibni buzsak shu bilan savalab turardilar.
Naqadar gumrohsan sen!
Koʻzlaring koʻr!
Oʻzing koʻrsatib turgan narsani nahotki payqamayotgan boʻlsang.
Sen otning orqasiga qamchilamayapsanmi axir?
Uning shahvoniy hirsini qoʻzgʻovchilari aynan mana shu tomonida.
Demak, nafsu balo har kimni keraksiz narsa ortidan yugurishga majbur etadi degani emasmi bu.
Hech narsaga erishmay butun tanang qaqshab ogʻrigani qoladi xolos.
Charchoq butun vujudingni egallaydi.
Holsizlanasan.
Jilovga ham termulib qaramading.
Bularning bari toʻgʻri yoʻlni koʻrsatuvchi Alomat ekanini qaerdan ham bilarding sen badbaxt.
Nafsingni tiyishingga ishoramasmidi bular.
Oʻzingdagi otni yugurtirmoqqa boʻlgan ishtiyoqni soʻndirishing lozim edi.

Ot yugursa jilovni tortib uni toʻxtatadilar.

Yoki kerakli tomonga burishadi.
Jilov otning boshiga taqilganini koʻrib turgan eding-ku.
Nafsing seni tugʻyonga solganida aqlingni ishlatishing kerakligini bildiruvchi Alomatni ham toʻgʻri anglay olmading.
Mana endi ot seni ustidan tushirib, bosib oʻtib ketganiga nima deysan?
Sen yana bu dunyoning noz-ne’matlariga oʻch eding.
Buni aniq koʻrganman.
Chavandoz seni vosita qilib otning qorniga niqtasa, ot birdan tez harakatlana boshlagan.
Men esa sening nafsing buzuq ekanini shundan bilib olganman.
Qattiqlik boshingda bor.
Bu boʻlmagʻur xayollarni surayotganingdan darak.
Jilov boʻlsa bunday oʻylarni oyogʻi ostiga olgan.
Kalondimogʻ boʻlma.
Jilov bilan yarash.
Undan bilmaganlaringni soʻrab ol.
U aytsin.
Yoʻl boshida ot koʻrindi.
Hoynahoy, egang sening tushib qolganingni payqab, ortiga qaytib izlashga tushgan.
Seni toʻnka ustida qoldiraman.
Topib olishlari oson boʻladi.
U hali yiroqda.
Kutib oʻtirishga vaqtim yoʻq.
Sen bilan gaplashaman deb talay vaqtimni yoʻqotganim yetar.
Soʻzlarimni unutma.
Aytganimday qil.
Chavandozdan ayrilmasang boʻlgani.
Yaxshi qol, qamchinjon.
Menimcha, sen bilan qayta uchrashmaymiz.

Toʻrtinchi Suhbat: Tayoq Va Hassa

Tayoq hassadan soʻradi:
– Sen-u men bir daraxtning ikkita shoxlarimiz.
Ammo nega senga suyanishadi-yu, menga emas.
Hassa dedi:
– Aslida ularning maqsadi zaminga tayanish xolos.
Sen esa oyogʻingni yerdan uzib yoʻqlikka qadam qoʻygansan.
Shunday ekan, senga suyanmasliklaridan noliganing nimasi?
Buning sababini nega mendan soʻramoqdasan?
Suruv koʻcha changitib ketayotuvdi, daraxtning bosh barmoqdek keladigan bir tanasi oʻz toʻpidan ajralib ularga ergashdi.
Yoqinqiramay unga boqdim.
Joyida qolaversa boʻlmasmidi?
Avvaliga qoʻylarga yaqin bormadi.
Meni ularning egasi deb oʻyladi chogʻi.
Ochigʻini unga aytdim.
Bekor qilding.
Haliyam ortingga qayt.
Qaytishni istamayotgan boʻlsang bilib qoʻy: men bu qoʻylarning egasi emasman.
Shunchaki bir yerga borayotuvdim.
Yoʻlimda mana bular paydo boʻldi.
Ularni hurkitib yubormayin deya sekingina ortlaridan borayapman.
Ular qaerga borishini biladi.
Tezroq boshqa tomonga qayta qolsaydi.
Chang-toʻzondan nafasim boʻgʻilib bormoqda.
Bir-ikki yoʻtaldim ham.
Senga bekorga yuzimni burishtirib gapirayotganim yoʻq.
Hammasiga chang sabab.
To yoʻllarimiz ayrilguncha gaplashib boraylik.
Hozirchalik hamrohim ekansan, senga gapirmoqqa haqqim bor.
Bilasanmi, boshing qaysi-yu tanang qaysiligiga haliyam aqling yetmadimi?
Shuncha gapni yuzingga aytdimmi yoki tanangga qarab aytdimmi, hayronman.
Menimcha, yoʻgʻon tomoning boshing boʻlsa kerak.
Ingichka tarafing – tanang.
Boshing tanangga chatishib ketgani yaxshilik alomati emas.
Tanangning istaklariga buysunayotgandek koʻrinayapsan menga.
Ha, shunaqa shekilli.
Tanang oldinda bormokda.
Boshing esa orqada.
Bu koʻchadan hassa oʻtmadimi?
Uni koʻrmaganmiding?
Uning boshi tanasiga moyil emas.
Boshi boshqa tomonga oʻsgan, tanasi boshqa tomonga.
Harakatlari ham senikidan farq qiladi.
Avval boshi oldinga siljib, soʻng tanani oʻziga ergashtiradi.
Ehtimol shoshilayotganing uchun ham shundaydir.
Shoshilmaganingda boshqacha yurgan boʻlarmiding?
Oʻshanda senga suyanishgan boʻlishardi.
Qoʻysang-chi shu qoʻylarni.
Ularga ergashib nima qilasan?
Oʻz tanlagan yoʻlingdan yurganing ma’qul emasmi?
Aslida, shular seni dovdiratib qoʻydi.
Oyogʻingni qoʻlingga olib ularning ortidan yugurmoqdasan.
Aytib qoʻyay:
Toki qoʻylarni qoʻrasiga qaytarib olib kelib qamamaguningcha tinchimaysan.
Qamagach ham senga tinchlik yoʻqdir balki.
Ularni birma-bir sanashga toʻgʻri kelar.
Soʻzlarimga e’tiroz qilmay yoʻlingdan ham qolmayotganingga qaraganda meni oʻtaketgan mugʻombir, deb oʻylayapsan chogʻi.
Meni ortga qaytarib oʻzi qoʻylarga ega chiqmoqchi degan xayollarga boryapsanmi?
Aslo!
Menga bularning keragi yoʻq.
Tinchgina sokinlikda yashaganim ma’qul.
Bular nimaga oʻchligini bilasanmi oʻzing.
Tikan gulini xush koʻrishadi.
Seni ular tikanzorga yetaklamoqda.
Toshga qoqilib yiqilsang ham, tovoningga tikan kirib dod-voy solsang ham ularning sen bilan ishi yoʻq.
Boshini bir koʻtarib qaraydi-da, na sening holingga achinmay, na ustingdan kulganga oʻxshamay yana boʻynini pastga egadi.
Ularning yuzida biror oʻzgarishni sezmaysan.
Qorinlari toʻysa boʻlgani.
Sen bilan necha pullik ishlari bor.
Bu gaplarimni tinglab tanangga yoki manavi bir guruh qoʻylarga nafrating qoʻzgʻalmasin tagʻin.
Men bu ikkisini tilga olib, sening nafsingga ergashib borayotganingni aytmoqchiman.
Shaytonning turli hiyla-nayranglari, uning qanaqaligi, seni qandayin yoʻl bilan avramoqchi ekanini mana shular koʻrsatib turadilar.
Qoʻylaringning boʻlgani yaxshi.
Qancha koʻp boʻlsa shuncha durust.
Faqat sen mol-davlating borligidan kibru havoga berilmasang boʻlgani.
Vaqti kelganida chorvangning zakotini ber.
Qolgan fursatlarda xayr-ehson qil.
Qolaversa, tanangni pokiza sogʻlom saqlash sening burching.
Unga nahs tegib ifloslanishiga yoʻl qoʻyma.
Mana, qoʻylar boshqa tomonga burildi.
Sen ularning ortidan ergash.
Mening yoʻlim boshqa tomonda
Qaytayotganimda yana koʻrishamiz.
Unutma, qoʻylarni qoʻrasiga qamaganingdan soʻnggina tinchishing mumkin.
Ungacha har tomonga yuguraverib, joning xalqumingga tiqiladi.

Beshinchi Suhbat: Tor Va Noxun

Tor noxundan soʻradi:
– Ey sitamkor, namuncha menga azob bermasang? Seni hech uchratmagan edim. Tanimasdim. Qaerdan paydo boʻla qolding?
Noxun dedi:
– Tepaga tortilmaganingda yoningga yaqinlashmagan boʻlardim. Tepaga tortilganing sabab endi sen bilan birgaman.
Gohida barmoqlarim haqida oʻylanib qolaman.
Oʻzimga yoqqan narsalarimni barmoqlarim bilan ushlab, mayingina silagim keladi.
Aynan shularning ustida tirnoqlarimning borligi menga boshqacha tuyulib ketdi.
Ehtimol, ular qichigan joyni qashlash uchundir.
Axir, biror yerim qichisa u yerni siypalashdan ne foyda?
Ammo, sochning bir tolasidek nozikkina torni shu tirnoqlarim bilan shuncha paytgacha azoblab kelibman!
Bu endigina xayolimga keldi.
Aybimni yuvish uchun undan uzr soʻramoqchi boʻldim.
Uning yoniga bordim-u, gapni nimadan boshlashni bilmay uzoq vaqt uylanib qoldim.
Keyin bir chekkadan gapni boshladim.
Buni qaragin-a, torvoy.
Bugun tirnoqlarim ostidan kir qidirayotuvdim xayolimga sen kelding.
Et va tirnoq qil oʻtmas birodar.
Vaqti kelganda shu tirnoq birodarini azobga soladi.
Boshi kirga toʻlgan boʻladi u paytda.
Oʻzimning tirnoqlarim haqida gapirayapman.
Qolaversa, bular bilan seni rosa azoblagan ekanman.
Men oʻzi kuy chalishni bilmayman.
Negayam seni chalmoqchi boʻldim, hayronman.
Devorga qarasam seni koʻrdim.
Shartta oldim-u chaldim.
Hech kimga yoqmaydigan qandaydir ohang yaratdim.
Oxirgi marta shunday boʻlgandi.
Bundan ilgari ham seni koʻp bor chalmoqqa uringanman.
Gapning ochigʻi sendan uzr soʻramoqchi edim.
Oʻylab qarasam seni qiynoqqa solib qoʻyibman.
Bundan keyin sira senga qoʻlimning uchini tekizmayman.
Zerikmagin, deb qoʻlimga olaman-da allanarsalar haqida senga soʻzlab beraman.
Ammo chalmayman.
Faqat meni kechirsang boʻlgani.
Meni kechirasanmi?
Mayli, soʻkking kelsa soʻkaver.
Xafa boʻlmayman.
Men shunaqaman.
Birov ursa ham, soʻksa ham ishim yoʻq.
Koʻnglingga olmagin-u, bir gap aytaman.
Seni chalishmasa dilga yoqadigan kuy taralmaydi-ku.
Chalsam gunohga botaman.
Chalmasam boʻlmaydi.
Bu qanaqasi boʻldi?
Yoʻq, ahdimdan qaytmadim.
Bu ishga sira qoʻl urmayman.
Uyimning bir burchini bezatib turgin xolos.
Sendan boshqa talabim yoʻq.
Chuqurroq oʻylab qarasam, nimalarnidir menga eslatmoqchidaysan.
Nimagadir ishora qilayotganing aniq.
Sen bilan bogʻliq narsalarni esga olsam hammasi oydinlashadi.
Sozanda kuy chalmoqchi boʻldi.
Qoʻliga tanburni oldi.
Unga birinchi torni oʻrnatdi.
Chalib koʻrdi.
Ohang yaxshi chiqmadi.
Ikkinchi torni ham paydo qildi.
Nafis kuy taraldi.
Men bunda hech bir Alomatni koʻrmayapman.
Ehtimol, tanbur haqida fikr yuritishim kerakdir.
Axir sen unga bogʻliqsan-ku
Ha-da!
Nega buni avvalroq oʻylamadim.
Tanburning ikki qismini koʻrayapman.
Kosa va dastak.
Kosa qismining ichi boʻsh.
Dastasi esa butunlikdan iborat ekani menga ayon.
Boʻshliq sip-silliq.
Butunlik boʻlsa dagʻal.
Unga bogʻlanayotganingda yoʻlingdan toʻsiqlar uchragan albatta.
Mana u toʻsiqlar...
Yiqilsang ham oʻrningdan turib oldinga siljiyvergansan.
Oxiri maqsadingga yetgansan.
Hayron boʻlamanki, nega butkul Unga berilmading.
Boʻshliqni tark etib ketmagansan.
Boshing butunlik bilan band-u, boʻshliq oyogʻing ostida.
Balki bunday qilmaganingda birov seni qoʻlga olib chalmasmidi?
Hammaning koʻziga koʻrinmaganingda sening soʻzsiz va tovushsiz imo-ishoralaringga kaerdan ham tushunishgan boʻlishardi?
Devorga qandayin ilinib turganingni koʻrishmaydimi?
Seni tepaga koʻtarib turgan mana shu butunlik.
Pastga tortayotgan boʻshliqni ham koʻzdan qochirgan koʻrinadilar.
Men hammasiga tushundim.
Oʻzim yashab yurgan dunyoning ikkiga ajralganini sal-pal fahmlaganman.
Sen buni tasdiqlading.
Sendek butunlikka intilishim kerakdir.
Yoʻlimda uchraydigan toʻsiqlarga sabr etishga bardoshim yetarmikan?
Meni ikki tomon oʻz-oʻziga jalb qilmoqda.
Boʻshliq tomon siljisam nafsimga zabun boʻlaman.
Boʻshliq ustida seni yelkasiga koʻtarib turgan allanarsaning hayvon nomi bilan atalishi shunga ishora emasmi?
Bu dunyoning boʻshligʻini, sip-silliq butunligini dagʻal koʻrayotganim aniq-ku.
Endi hammasini oʻz holicha koʻrishga oʻrganmogʻim lozim.
Bir jihat e’tiborimni tortdi.
Tanbur Sozanda qoʻlida.
Noxun Unda.
Seni U tutib turibdi.
Demak, bu yerda men bilishim shart boʻlgan yana ba’zi asosiy gaplar bor.
Sendan birgina uzr soʻrayman deb shuncha narsani bilib oldim.
Meni kechirding, deb oʻylayman.
Tanbur chang bosgan koʻrinadi.
Uni artib qoʻyay.

«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 7-sonidan olindi.