OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOzod Sharafiddinov
Asar nomi«Modernizm — joʻn hodisa... emas»
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Ozod Sharafiddinov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Adabiy suhbatlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 23-24-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Modernizm — joʻn hodisa... emas»
Ozod Sharafiddinov

–Garchi «modernizm» atamasi qariyb bir asrdan beri ishlatilib kelinayotgan boʻlsa-da, biz uchun yangi, bir qadar notanish istiloh. Suhbatimiz boshida bu tushunchaning mohiyati haqida gazetxonlarimizga ma’lumot bersangiz.
–«Modernizm» asli frantsuzcha «modern» soʻzidan olingan boʻlib, «zamonaviy» degan ma’noni bildiradi. Bu istilohning biz uchun bir qadar notanish boʻlib kelganining sabablari bor. Bu sabablar, birinchidan, mafkuraviy xarakterga ega va shoʻro davri adabiy siyosati bilan chambarchas bogʻliq.

Ma’lumki, shoʻrolar hayotdagi hamma sohalarni birvarakayiga tubdan oʻzgartirishni da’vo qilib chiqishgan edi. Shu bilan birga ular butunlay yangi odam yaratish gʻoyasini ham oldinga surib, shuningdek, yangi adabiyot da’vosi bilan ham chiqishgan edi. Hayot bu da’volarning puch ekanligini isbot qildi. Jumladan, har qanday inson hayoti davomida turfa xil oʻzgarishlarni boshidan kechirsa ham, bir quvonchlarga toʻlib, bir baxt-sizlik ichida yashasa ham, zohiran qaraganda, bir terining ichida necha marta ozib-semirsa ham, aslida uning tabiati dunyodagi eng kam oʻzgaradigan narsadir. Insonshunos olimlarning bugungi inson tabiatiga koʻra, bundan 2000 yil oldingi insondan juda kam farq qilishini isbotlab berishgan. Uning tafakkurida qandaydir yangi gʻoyalar tugʻilishi mumkin, lekin tafakkur mexanizmi eskicha qoladi. Uning tuygʻularida qandaydir yangi xislatlar paydo boʻlishi mumkin, lekin baribir tuygʻularning oʻzi juda kam oʻzgaradi. Davrlar har qancha oʻzgarmasin, insonni harakatga keltiruvchi asosiy omil shaxsiy manfaat boʻlib qolaveradi. Insonning bu xislati ruslarning «Baliq chuqur joyni izlaydi, inson esa yaxshi joyni» degan maqolida juda yaxshi ifodalangan. Xuddi shunga oʻxshash, insonning ruhiy-ma’naviy faoliyatining hosilasi boʻlmish san’at va adabiyot ham tabiatdan kam oʻzgaradigan hodisalardandir. Albatta, san’at va adabiyot paydo boʻlgan davrlardan beri muayyan tadrijiy yoʻlni bosib oʻtdi, lekin bu yoʻllar mazmuni qanday boʻlmasin, san’at va adabiyotning mohiyati oʻzgargani yoʻq. Hamon uning markazida inson va uning dardlari turibdi. Hamon uning asosiy muammosi inson kim va u qanday yashamogʻi kerak, inson hayotining mohiyati nimada, degan muammolar. Afsuski, shoʻro mafkurasi inson tabiatidagi mana shu muqimlikni tan olishni istamadi. Va har xil vositalarni ishga solib, uni tubdan oʻzgartirishga kirishdi. «Proletar adabiyoti» degan adabiyot oʻylab topildi. Uning birdan-bir metodi sotsialistik realizm, deb e’lon qildi. Bundan bir qadar tashqariga chiqadiganlarni sinfiy dushmanga chiqarishdi va shunga muvofiq ular jazolarga mustahiq qilindi. Ammo tabiiyki, inson bir xil boʻlmaganidek, uning adabiyoti faqat bir xil mazmunda yozadigan, faqat bir xil uslubni tan oladigan, yakrang adabiyot boʻlishi mumkin emas edi.
–Oʻtgan asrning 20-30 yillarida modernizm oqimiga mansub deb hisoblangan asarlar Gʻarbda ham, Amerikada ham tazyiqqa uchragan edi. Oʻzingizga ma’lum, sobiq ittifoq davrida Gʻarb adabiyoti bilan shugʻullangan rus adabiyotshunoslari ham bir ovozdan modernizm adabiyotini keskin tanqid qilib chiqishgandi. Ya’ni bu adabiy oqim vakillarining asarlari Gʻarbda inkor etildi, keyincha kommunistik gʻoya tarafdorlari tomonidan tamoman rad qilindi. Buning sabablari haqida fikrlaringizni bilmoqchi edik.
–XIX asr oxiri va XX asr boshlarida jahonda ijtimoiy hayot sohasida taraqqiyot sur’atlari mislsiz tezlashib ketdi. Bu fikrda, qarashlarda ham koʻplab yangicha qarashlar, yangicha fikrlarni vujudga keltirdi. Ular adabiyotda ham insonga yangicha munosabatda boʻlishni taqozo eta boshladi. Boshqacha aytganda, adabiyotda koʻp vaqtlardan beri amal qilib kelgan realizm metodi qay bir jihatdan eskirgandek, yangi mazmunlarni ifodalashga torlik qilib qolayotgandek koʻrindi. Va ayrim san’atkorlar zamon talablariga muvofiq ravishda hayotni aks ettirishning yangi yoʻllari, shakllarini izlay boshladilar. Shu tarzda butun jahon boʻylab turli-tuman modernistik, ya’ni zamonaviy oqimlar paydo boʻla boshladi. Albatta, bularning ichida samaralilari ham bor edi. Va shunchaki tajriba tariqasida oʻtkazilgan, lekin amalda katta muvaffaqiyatlarga erishmaganlari ham bor edi. Bu izlanishlar, tajribalar mutlaqo tabiiy va qonuniy edi. Lekin shoʻro mafkurasi nuqtai nazaridan har qanday modernizm yoki san’at va adabiyotdagi har qanday izlanish sotsialistik realizmdan chekinish deb qaralar va shuning uchun u qoralanishi kerak edi. Shunday qilib bizda «xalq dushmanlari», «burjua millatchisi», keyinroq esa «revizonist» singari «modernist» degan ayblov ham maydonga keldi.

Modernizmni yoqlagan, modernistik oqimlarni ma’qul koʻrganlar mafkuraviy dushman sifatida talqin qilindi. Faqat asr oxiriga kelgach, oʻzbek adabiyotshunoslari ichida bu masalalarni qalamga olib toʻgʻri talqin qilishga harakat boshlandi.
–«Jahon adabiyoti" jurnali va «OʻzAS»da e’lon qilingan ayrim maqolalarni aytmaganda bugungi adabiyotshunosligimiz modernizm adabiyotidan bexabar desak, toʻgʻri boʻladimi?
–Albatta, modernizm bir turdagi joʻn hodisa emas. Modernistik oqimlarni dab-durustdan tushunib olish ham muayyan qiyinchiliklarni tugʻdiradi. Modern hodisalari hamma vaqtda ham san’at va adabiyot hodisalariga biz beradigan ta’riflarga toʻgʻri kelavermaydi. Buning ustiga bizning san’at va adabiyotga qarashlarimizda juda katta bir nuqson bor: bizning nazariyamiz san’at va adabiyotdagi rang-baranglikni tan olmaydi. U imkon boricha, san’at va adabiyotning hamma tur va hamma xillariga mushtarak boʻlgan qonun-qoidalarni inkishof etishga harakat qiladi. Masalan, she’riyat ham, nasr ham badiiy adabiyotga kiradi. Lekin ayni chogʻda ularning orasida osmon bilan yerchalik farq borligini koʻrmaslik mumkin emas. Roman, qissalar bobida oʻylab chiqarilgan qoidalarimiz lirika va poemaga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi. Xuddi shunga oʻxshash, adabiyot, rassomchilik va muzika ham «san’at» degan tushuncha doirasiga kiradi. Biroq, shunga qaramay, ular insonning ruhiy faoliyatining turlari ekanligidan boshqa hech qanday mushtarak tomonlarga ega emas. Binobarin, rassomlik talqini bilan, muzika, adabiyot talqini oʻzaro keskin farq qilishi kerak.

Men bu gaplarni shu ma’noda aytyapmanki, asosiy materiali rang va boʻyoq boʻlmish rassomlik sohasidagi izlanishlar, albatta, adabiyot sohasida ham aynan takrorlanishi mutlaqo shart emas. Masalan, abstraktsionizmni olaylik. Abstraktsionizm – mavhumlik degani. San’atkorlar hayotni hayot formasida aks ettirmogʻi kerak, degan gapdan qochib, uni boshqacha tarzda ham aks ettirish mumkinligini isbotlash uchun mavhum tasvirlarga, ya’ni birinchi qarashda biror-bir hayotiy mazmunga ega boʻlmagan tasvirlarga keng oʻrin bera boshladilar. Lekin shuni aytmoq kerakki, abstraktsionizm element-lari faqat keyingi asrlardagina paydo boʻlgani yoʻq. Uning unsurlari Sharq va Gʻarbning qadimgi san’atidan istagancha topiladi. Uzoqqa bormaylikda, bir misol keltiraylik. Oʻzbeklarning atlasini juda yaxshi bilasiz. U kamida ming yillik tarixga ega. Bilmayman, atlasni san’atga yoʻyish kerakmi yoʻqmi. Biroq imonim komilki, u yuz foiz abstraktsionizm asosiga qurilgan. Undagi bir-biriga chatishib ketgan ranglar qanday hayotiy mazmunga egaligini bilmayman, biroq jilolari, tovlanishlari haddan tashqari goʻzal. Oʻzbek atlasining yal-yal yonishi ancha asrdan beri erkaklarni ham, ayollarni ham birday zavqlantirib keladi. Xuddi shuningdek, oʻzbeklarning me’morchilik san’atida ham, oʻymakorlik va naqqoshlik san’atida ham mavhumlik unsurlari koʻplab uchraydi.

Lekin rassomlik san’atidagi abstraktsionizmni, meningcha, oqizmay-tomizmay adabiyotga koʻchirib boʻlmaydi. Adabiyotda mavhumlik kuchayib ketgan oʻrinlarda, mazmun hisobiga shaklbozlikka berilgan joylarda, inson muammolari cheklanib qolgan joylarda katta muvaffaqiyatga erishish qiyin.
–Bizda modernizmni tushunib (tushunmay ham) inkor etuvchilar bor. Va ayni paytda bu yoʻnalishni jahon san’ati va adabiyotidagi ilgʻor tendentsiya sifatida qabul qiladiganlar ham uchraydi. Mana shu ikki xil qarashlarga Sizning munosabatingizni bilmoqchi edik.
–Men shu kunlarda buyuk ingliz yozuvchisi Jon Golsuorsining adabiyot haqidagi ayrim maqolalarini tarjima qilayapman. Bu maqolalar 1930 –1931 yillar, adib hayotining soʻnggi davrida yozilgan. Bu davrda adabiyotda modernistik izlanishlar ancha avj pallaga koʻtarilgan edi, kitobxonlar oʻrtasida ularni yoqlovchilar va an’anaviy adabiyotni butkul rad etuvchilar koʻpayib qolgan edi. Boshqacha aytganda, modernistik adabiyot modaga kirgan edi. Modaga kirgan narsa toʻgʻrisida tanqidiy fikr aytish juda qiyin. Tafakkurimizning ojiz tomonlaridan biri xuddi shunda koʻrinadi. Biz koʻpchilik maqtayotgan asarni oʻqib tushunmasak ham, bizga sira ma’qul boʻlmagan boʻlsa ham, hammaga ergashib maqtashga tushamiz. Bunda «qirolning yangi koʻylagi» sindromi amal qiladi. Asarni maqtayotgan koʻpchilik dono boʻlsayu, men uni tushuna olmaydigan aqli noqis bir odam boʻlsam...

Golsuorsiga tan berish kerak. U bir necha maqolasida odamlarning ta’nasidan qoʻrqmay, hamma tomonidan maqtalayotgan modernistik asarlar haqida tanqidiy fikr aytadi. Bu asarlarni 30 yildan keyin hamma unutib yuboradi, deydi. Ehtimol, Golsuorsi oʻzining bu fikrida toʻla haq emasdir. Jumladan, romanlari «oilaviy hayotning qomusidan iborat» (Golsuorsi) M.Prust bugun unutilgani yoʻq. Lekin, menimcha, Golsuorsi bir narsada haq: u adabiyotning mohiyatini inson xarakterini yaratishda, deb biladi. Markazda insonning taqdiri turmagan, uning hayot yoʻllaridagi dramatik va fojiali izlanishlari aks etmagan asarlar umrboqiy asarlar boʻla olmaydi. Faqat Golsuorsi emas, modernistik adabiyotga unchalik roʻyxushlik bildirmagan boshqa adiblar ham koʻp.

Lekin na Golsuorsi va na boshqa Gʻarb yozuvchilari modernizmni tanqid qilar ekanlar, san’atkorning shakl va uslub bobidagi izlanishlariga, tajribalar oʻtkazish bobidagi huquqlariga zarracha shubha qilgan emaslar. Umuman, faqat XX asr boshida emas, boshqa davrlarda ham yozuvchilar inson xarakterini chuqurroq va jozibaliroq qilib tasvirlash yoʻlidagi izlanishlardan toʻxtagan emaslar. Agar biz bunday izlanishlarni zamon talabi bilan qilingan modernistik izlanishlar deb tan olsak, modernizmni jahon adabiyoti tarixining istalgan davridan topish mumkin. Rablening «Gargantyua va Pantagryuel» degan mashhur romani yoki Sviftning «Gulliverning sayohatlari» haqidagi qissasi, Gogolning «Mirgorod» turkumiga kiradigan asarlari va yana oʻnlab asarlar bu fikrning dalilidir.

Shoʻro adabiyotida ham ta’qiqlar har qancha kuchli boʻlmasin, ayrim yozuvchilar yangi shakllar izlashdan toʻxtagan emas. Faqat bu yozuvchilarning ijodida modernistik izlanishlar yo fantastik elementlar orqali yoki satira va yumor yordamida ifodalangan. Jumladan, mashhur M.Bulgakov «Ityurak» nomli qissasida bir professorning tajribalari tufayli itdan odamga aylanib qolgan shaxsning partiyaga kirishi va katta idoralarda ishlab, itlarga xos harakatlar qilishini juda yorqin ochgan. Yoki yozuvchi V.Voynovich 70-yillarda yaratgan «Askar Chonkin» qissasida shoʻrocha koʻr-koʻrona sadoqatning avra-astari agʻdarilgan. Albatta, bu asarlarning hech qaysisi hukmron mafkura dargʻalarining birortasiga yoqqan emas. Chunki shoʻrolar zamonida «dohiylar»ga ma’qul keladigan yozuvchilargagina keng yoʻl berilardi. Bunday yozuvchilar sha’niga tanqidiy gap aytish, ularning ijodidagi nuqsonlarni koʻrsatish mumkin emasdi. Bunday yozuvchilar qolgan hamma yozuvchilarga oʻrnak sifatida koʻrsatilardi va goʻyo ularning asarlariga oʻxshatib yozishga da’vat qilinardi. Masalan, Gorkiy – shoʻro adabiyoti asosichisi, Mayakovskiy – davrning eng atoqli shoiri, binobarin, hamma ijodkorlar ulardan oʻrnak olishi kerak edi. Koʻp vaqt oʻtmasdan bunday adabiyotning misi chiqdi. «Shoʻro adabiyoti» deb atalgan adabiyot ayrim mustasnolardan qat’iy nazar, juda gʻarib, juda nimjon, rangsiz, quruq, beta’sir adabiyotga aylanib qoldi. Natijada millionlab odamlarning adabiyotdan ixlosi qaytdi, kitob oʻqimay qoʻyishdi.
–Bizdagi ba’zi adabiyotshunoslarning fikricha, oʻtgan asrning boshlaridayoq oʻzbek adabiyotining iste’dodli vakillari modern adabiyotidagi shakliy izlanishlarga katta havas bilan qarashgan ekan. Keyinchalik ularning bu yoʻnalishdagi ijodiy tajribalari toʻxtab qolgan. Siz shu fikrni tasdiqlaysizmi?
–Haqiqatan ham, 20-30-yillarda oʻzbek adabiyotida ham muayyan modernis-tik izlanishlar boʻlgan. Bu, jumladan, Oybek, Mirtemir, Choʻlpon ijodlarida koʻrinadi. Oybekning dastlabki she’r-larida modernistik izlanish his-tuygʻularining tahliliga juda keng oʻrin berilganida koʻrinadi. Mirtemir birinchi kitobida hayot zavqini tizginsiz pafos bilan ifodalashga intiladi. Afsuski, unda me’yor buzilgani uchun pafos koʻp oʻrinlarda oddiy balandparvozlikka aylanib ketadi. Choʻlpon esa «Kecha va kunduz» romanida, ayniqsa, Zebo ustidan sud epizodlari tasvirlangan oʻrinlarda oʻsha voqealarning absurdligini juda yorqin ifodalagan. Ifodalaganda ham quruq soʻzlar bilan emas, qahramonlarning xatti-harakatlari, his-tuygʻulari bilan ifodalagan. Afsuski, oʻzbek adabiyotidagi bunday izlanishlar oʻz vaqtida tanqidchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlanmadi va natijada davom ettirilmay qolib ketdi.
–Keyingi yillarda, asosan, yoshlar ijodida modernistik oqimga mansub asarlarga havas ancha koʻzga tashlanib qoldi. Ayrim ijodkorlar fikricha, bu jarayon endilikda shunchaki taqlid doirasidan chiqib, muayyan bir koʻrinish olayotir. Siz bu fikrga qanday qaraysiz?
–Bugun adabiyotimiz yangicha sharoitda yashab ijod etmoqda. Avvalgi taz yiqlar va ta’qiqlar hozir yoʻq. Endi yozuvchi va shoirlar badiiy shakl va uslub borasida juda keng koʻlamlarda izlanishlar olib borishlari mumkin va olib borishayotirlar ham. Jumladan, bugungi adabiyotimizda dramaturg Sharof Boshbekov ijodida, shoir Abdulla Oripovning ayrim asarlarida, Omon Muxtorning romanlarida, Togʻay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» asarida, nisbatan yosh shoir va yozuvchilar Nazar Eshonqul, Xayrullo, Bahrom Roʻzimuhammad, Goʻzal Begim, Olima Nabieva ijodlarida buni koʻrish mumkin. Lekin men bir narsadan ogoh etib qoʻymoqchiman: izlanishlar bobida ehtiyot boʻlmoq kerak, negaki, yangi narsa hamma vaqt ham faqat yangiligi uchungina yaxshi boʻlavermaydi, shuningdek, eski narsani ham faqat eskiligi uchun «puf, sassiq»qa chiqarish mumkin emas. Men hamma yozuvchilar askar bolalarday qaddi-qomati bir-biriga oʻxshagan olachipor forma kiyib olsin, demoqchi emasman. Men faqat shuni aytmoqchimanki, biz realizm deb ba’zan kesatiq bilan, ba’zan kinoya bilan, ba’zan gʻashlik bilan tilga oladiganimiz – uslub hali uncha qarib qolgani yoʻq. Ayniqsa, bizning oʻzbek adabiyotimizda. Bizning adabiyotda realizm shakllanayotganiga endigina bir asr vaqt boʻldi. Ehtimolki, bu vaqt ichida realizmning bor-yoʻgʻi oʻn gulidan biri ochilgandir.

Men yaqinda Ulugʻbek Hamdamovning «Muvozanat» deb nomlangan yangi romanini oʻqib chiqdim. Bu roman, bir-ikki epizodini hisobga olmaganda, tom ma’noda an’anaviy uslubda yozilgan. Ehtimol, «bir-ikki epizod» modernistik xarakterda boʻlib, kitobxonning koʻngilxushligi uchun kiritilgandir. Ularda ba’zi bir personajlarning ishqiy mojarolari yalangʻochroq ifodalangan. Lekin yaxlit olganda roman menda juda chuqur taassurot qoldirdi. Uning voqealari bizning kunlarda, bizning yurtimizda sodir boʻladi. Roman qahramoni oliy oʻquv yurtida tarixdan dars beradi. Lekin bozor munosabatlari bu odamni chirpirak qilib uchiradi. Uning iztiroblari, boshiga tushgan kulfatlar panjasidan qutilishga intilishlari, yoʻl izlashlari, chora qidirishlari kitobxonni befarq qoldirmaydi. Romanni oʻqib chiqar ekanman, bugungi kun odamini tasvirlashda hali realizmning ochilmagan imkoniyatlari koʻp ekaniga imon keltirdim. Demak, gap bu yerda realizmda yoki modernizmda emas. Gap san’atkorda, uning tafakkurida va mahoratida. Adabiy asar esa chinakam asar namunasi boʻlmogʻi uchun, realizmga mansub boʻladimi, romantizm uslubida yozilgan boʻladimi, yoki qandaydir boshqa modernistik uslubga amal qiladimi, baribir, yana takror aytaman, uning markazida inson turmogʻi kerak, kitobxon insonning taqdiri, tabiati, hayoti haqida muayyan axborot olish bilan birga bu asardan estetik zavq ham ola bilsin.
–Modernizm oqimiga mansub deb qaralgan asarlarni qabul qilish yoki qabul qilmaslik mumkin. Bu har bir olim yoki kitobxonning ixtiyorida. Men Sizning bu masalaga shaxsiy munosabatingiz, xohlang olim, xohlang kitobxon sifatida, biroq xususiy munosabatingizni bilsam degandim...
–Shaxsan men oʻzim shu paytga qadar adabiyotdagi modernizmga oʻzimning munosabatimni aniq belgilab olgan emasman. Ba’zi bir modernistik asarlarni, ayniqsa, yumorga yoʻgʻrilgan asarlarni (Sanislav Lem, Rey Bredberi) zavq bilan yengil oʻqiyman. Folkner, Joys, Prust kabi adiblarning asarlarini esa oʻqishda qiynalaman. Hatto ba’zan ularning asarlarini yarmidan tashlab qoʻygan hollarim ham boʻlgan.

Lekin shunga qaramay, men bu yoki bu kabi boshqa yozuvchilarni hecham qoralamayman. Ehtimol, gap yozuvchida emas, balki mening didimda, saviyamdadir. Har holda, faqat menga yoqqani yoki yoqmaganiga qarab biror asarni rad etish yoki ulugʻlash mumkin emas.

Yana bir misol keltiraman. Men badiiy tasvir san’atini, rasmlarni yaxshi koʻraman. Dunyoga mashhur musavvirlarning polotnolarini hamma vaqt zavq bilan tomosha qilaman. Lekin oʻzimni tasviriy san’at asariga baho beradigan hakam deb mutlaqo oʻylamayman. Malevich degan rassomning asrimiz boshlarida ishlagan bir surati bor. Bu «Qora kvadrat» deb ataladi. Unda chindan-da tim qora kvadratdan boshqa hech narsa yoʻq. Xudo haqqi, men shu paytgacha bu suratning nima ma’no anglatishini tushunganim yoʻq. Lekin buni qarangki, ana shu men tushunmagan asar san’at bozorida milliondan koʻproq dollar turar ekan. Men, albatta, million dollarim boʻlsa, uni nimaga sarflashni oʻzim bilardim. Lekin shunga qaramay, oʻsha asarni xarid qilgan odamlarni qoralashim insofdan boʻlmaydi-ku!

Xullas, modernizm munosabati bilan qilgan gurungimizdan faqat bitta xulosa chiqargim keladi: yashasin erkinlik, yoʻqolsin qoliplar!

Suhbatni Ahmad Otaboyev yozib oldi