OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOzod Sharafiddinov
Asar nomiAjalni yenggan adib
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Ozod Sharafiddinov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 27-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ajalni yenggan adib
Ozod Sharafiddinov

Hozirgi yoshlar, ming afsuski, Samar Nur degan adibning asarlari tugul, nomini ham bilmaydi. Hatto tahririyatda ishlaydigan ba’zi xodimlar mendan «Kim edi u? Nomi tanish eshitilyapti-yu, lekin eslayolmayapman», deb anqovsirab soʻrashadi. Holbuki, u Navoiy zamonida yashab oʻtgan ijodkor emas. U hayot boʻlganda bu yil 70 yoshga kirar edi. Yana buning ustiga u joʻngina, oddiy bir ijodkor emasdi. U yozuvchi, eng mehnatkash, soʻzga, adabiyotga sadoqatli, har soʻzini mas’uliyat bilan aytadigan, kitobxon oldidagi burchini doim his qiladigan adib edi.

U 60-yillarning boshida adabiyotga kirib keldi, ammo bunga qadar hayotda ancha narsani koʻrgan, durustgina tajriba orttirgan, bir soʻz bilan aytganda, adabiyotga hali ogʻzidan ona suti ketmagan bola boʻlib emas, hayot va adabiyot haqida jiddiy, salmoqli fikr yurita oladigan, balogʻatga yetgan shaxs sifatida kirib kelgan edi.

Samar Nurov Qashqadaryo viloyatida, Qarshi tumanidagi qishloqlardan birida tugʻilgan. Uning bolaligi koʻpgina bolalar kabi bahorda gullari, maysalari kamalak ranglari bilan tovlanadigan, yozda oltinsimon bugʻdoylari dengizdek mavjlanib yotadigan, qishda oppoq qor bilan qoplanadigan qirlar qoʻynida, qishin-yozin tinib-tinchimaydigan qoʻy suruvlari orasida kechdi. Bolalik yillari har qancha mashaqqatli boʻlmasin, ayni shu kezlarda u ona yurtining betakror xushboʻy hidlarini diliga jo qildi, Qashqadaryoning sofdil va mehnatkash odamlariga muhabbat bir umrga uning qalbidan oʻrin oldi. Oʻqishni tugatar-tugatmas qoʻliga qalam oldi, oʻziga yaqin narsalar haqida yoza boshladi. Keyin mehnat kishilari dunyosi, ruhiyatini chuqurroq oʻrganish uchun Chimqoʻrgʻon suv ombori qurilishida ekskavator mashinisti yordamchisi boʻlib ishladi. Shuning uchun oliy oʻquv dargohiga kelganda uning oldida qaysi fakultetni tanlasam ekan, nimalar toʻgʻrisida yozsam ekan, deganga oʻxshash savollar koʻndalang boʻlgani yoʻq.

Birinchi qadamlaridayoq uning oʻziga xos baquvvat iste’dodi namoyon boʻldi — u zamondoshlari toʻgʻrisida, ularning ichki dunyolari, dardlari, kechinmalari toʻgʻrisida toʻlqinlanib yoza boshladi. Uning ilk asarlaridagi samimiyat va hayajon kitobxonni befarq qoldirmadi — ular adabiyotga oʻz ovozi, oʻz mavzui, oʻz qarashlari bilan dadil kirib kelayotgan yosh ijodkorni qizgʻin tabrikladilar va uning ijodini intiqlik bilan kuzata boshladilar.

Uning dastlabki ocherk va maqolalari hayotiyligi va haqqoniyligi bilan ajralib turardi. Uning birinchi yirik asari «Suv qoʻshigʻi» ocherki Orol muammosiga bagʻishlangan boʻlib, muallif oʻsha kezlardayoq bu muammoning eng muhim va murakkab qirralarini qalamga olgandi.

Oʻqishni bitirgach, u respublika matbuotida turli lavozimlarda ishlay boshladi. Oʻsha paytlardagi otaxon gazetamizda mas’ul kotib darajasiga koʻtarildi. Tahririyatlar bu qobiliyatli ijodkorga jon-jon deb oʻz bagʻridan joy berardi. Qisqa muddatda uning oʻndan ortiq ocherk, qissa va hikoyalar toʻplami bosildi. «Maysalarni ayoz urmaydi», «Narvon» kabi qissalari esa 60-yillardagi oʻzbek nasrini boyitadigan asarlar boʻldi. Ularning hammasida adib birinchi navbatda jonajon yurti — Qashqadaryo muhabbatini kuyladi. Tabiati bahorda ipakdek mayin, qahraton qishlarda gʻoyatda beshafqat boʻladigan bu voha kitobxon koʻz oʻngida dunyodagi eng sevimli maskanlardan biri boʻlib gavdalanadi. Uning odamlari esa adib uchun eng aziz, eng e’zozli odamlar sifatida tasvirlanadi. Ayni chogʻda adib bu oʻlkaning ichki muammolarini, odamlarning baxti va yashashiga xalaqit berayotgan turli illatlarni qalamga olishdan, ularni fosh qilishdan choʻchimadi.

Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi. Badiiy asarlarda tasvirlanadigan Vatanga muhabbat, yurt ishqi nimadir? Bu hadeb Vatanning togʻlariyu bogʻlari, daryolariyu koʻllari, shaharlariyu qishloqlari, oʻtmishiyu bugunini maqtashdan iboratmi? Ularning sha’niga hamdu sanolar aytish bilan cheklansa yo bu borada ijodkorlar «kim oʻzarga» musobaqalashsa, shu bilan Vatanga muhabbat tasvirlangan boʻladimi? Ha, albatta, adib oʻz yurtining goʻzalliklaridan shodlanmogʻi kerak. Lekin muhabbat degani faqat maqtov yoki hamd-sanodan iborat boʻlishi mumkin emas. Umuman, Vatan muhabbati, masalan, erkak va ayol oʻrtasidagi muhabbatdan farq qiladi. Vatan muhabbati Vatanning dardlaridan iztirob chekishni ham taqozo qiladi, bunga erishmoq uchun esa adib yoki shoir hayotdagi turli kemtiklar toʻgʻrisida yoki Vatan husnini buzib turgan soʻgallar toʻgʻrisida, ulardan xalos boʻlish yoʻllari haqida bor ovozi bilan hayqirib ayta olmogʻi kerak. Aks holda hammamiz shoir aytgan tilla baliqchaday oʻzimiz yashaydigan maskanni «jannatmakon» maskan deya maqtanish bilan oʻtib ketamiz. Kemtiklar esa hamisha topiladi. Odamzod hech qachon tom ma’noda mukammal boʻla olmaganidek, uning hayoti ham, turmush tarzi ham, yashash joyi ham mutlaqo bekamu koʻst jannat boʻlmogʻi mumkin emas.

Samar Nurov dil tubidan sirqib chiqqan koʻzyoshlardan yurtining yaralari uchun shifo izlagan adib edi. Uning bunday asarlari Samarning ijodiga katta umid bilan qarashga, undan koʻp narsalar kutishga da’vat qilardi. Adib oʻz kuyining avjiga koʻtarilib kelmoqda edi. U yaqin kelajakda hali yozilmagan asarlarini yozib berishiga, hali aytilmagan gaplarini aytishiga hech kimda shubha yoʻq edi. Adibning osmoni charogʻon, yoʻllari nurafshon, qalami ravon, iste’dodi yashnab ochilayotgan fasllar edi.

Biroq... Ming afsuski, hayotda hammavaqt ham biz oʻylab, chamalab, bitirib qoʻygan ishlarimiz roʻyobga chiqavermaydi. Goʻyoki hayot biz erishayotgan muvaffaqiyatlarga baxillik qiladi-yu, bir chapak urib, hamma ishimizni chappasiga yurgizib yuboradi. Koʻpincha, bunaqa evrilishlar sababini topolmay, «men qilaman oʻttiz, xudoyim qiladi toʻqqiz» deb oʻzimizga tasalli berganday oʻtib ketaveramiz. Buyuk shoir Mayakovskiy ham she’rlaridan birida «sayyoramiz quvonchlarga moslashgan emas» degan edi. Har holda hayot har qancha goʻzal boʻlmasin, unda odamlarning yutuqlarini koʻrishda muayyan baxillik bor.

Falokat kutilmaganda roʻy berdi.

1973 yilning iyun oyi. Oʻsha yili Oʻzbekistonda yoz juda issiq keldi. Ba’zi yurtlarda havoning issiqligi 30 darajadan oshsa, hammayoq qiyomat boʻlib ketadi. Bilmadim — oʻzbeklar qanday xalq ekan. Sovugʻu issiq qirqdan oshsa-da mehnat qilishdan, ishga borishdan toʻxtamaydi. Dehqon-ku, tangadek soyasi yoʻq paxta dalasida doshqozon ichida qaynayotgandek boʻlsa ham, paxtasini parvarish qilishdan toʻxtamaydi.

Oʻsha kezlarda Samar «Qizil Oʻzbekiston» gazetasining topshirigʻi bilan «Oq oltin» tumaniga xizmat safariga boradi. 22 iyun kuni — jaziramaning avj nuqtasi — u kun boʻyi dala kezadi, dehqonlarning ishi bilan tanishadi, ularning dard-hasratlarini yon daftariga emas, qalb daftariga yozib oladi. Keyin ishlar bitgach, kechki payt dala shiyponi yonida bir-ikki hamroh bilan borib dam olishga chogʻlanadi. Shiypon oldida hovuz ham bor ekan. Kun boʻyi saraton oftobida kuyib terga botgan Samar hovuzda choʻmilib, nafas rostlamoqchi boʻladi. Bolaligidagi shoʻxliklari esiga tushib ketadimi — u yugurib kelib, suvga kalla tashlaydi. Falokat uni suv tagidagi sement quvur shaklida kutib turgan edi. Samar quvurga boshi bilan uriladi. Uning boʻyin suyagi singan edi. Bir zumda qoʻl-oyoqlari shol boʻlib qoladi. Tanani qimirlatib boʻlmaydi. Shu tarzda bir yil davomida hayot-mamot jangi boshlanadi. Vrachlarning aytishicha, bunaqa ogʻir zarbaga uchragan odamning yuztadan toʻqson toʻqqiztasi hayotdan koʻz yumar ekan. Samar ahvoli har qancha ogʻir boʻlmasin, qoʻl-oyoqdan tashqari ichki a’zolar har qancha lat yegan boʻlmasin, yashab qolmoq uchun jon-jahdi bilan kurasha boshladi. «Kurasha boshladi» deyish — aytishga oson. U ogʻizning bir chekkasidan chiqib ketaveradi. Lekin siz bunaqa falokatga uchragan odam chekadigan dardlarni, mislsiz ogʻriqlarni, zirqirashlarni, koʻngil ozishlarni va eng muhimi — bu azoblardan toʻyib, oʻlimga rozi boʻlgan odamning nochor yotgan joyida oʻlolmay chekkan iztiroblarini koʻz oldingizga keltiring. Bundan tashqari, son-sanogʻi yoʻq ukollardan badani ilma-teshik boʻlib ketgan, «kapelnitsa» deganini koʻrsa odamning koʻngli behuzur boʻladi. Har xil shlanglar, bogʻlangan yaralar, badanning turli joyiga tiqib qoʻyilgan trubkalar... Ularni birovning yordamisiz eplayolmaydi, ovqatni ham yosh boladek birov yedirib qoʻymogʻi kerak.

Bu azoblar yetmagandek, uyqusizlik azobi ham yomon qiynaydi. Ehtimol, shu uyqusiz uzoq tunlarda intiqib tong otishini kutib yotgan Samar shoirlarning yulduzli tunlar haqida joʻshib kuylaganlarining bari yolgʻon ekanini kashf qilgandir. Kasalxonada bemorlarning ikkitasiga bittadan hamshira biriktirilgan — ular har yarim soatda bemorni bir yonboshidan boshqa yonboshiga agʻdarib qoʻyadi.

Ehtimol, bunaqa paytlarda Samar «salomatlik — tuman boylik» degan gapning ma’nosini qalban juda chuqur uqqandir. Darhaqiqat, burning qichisa uni bemalol qashimoq, istagan paytingda istagan alpozda choʻzilib yotishning oʻzi qanday baxt! Samar necha martalab oʻz joniga qasd qilmoqni oʻylagandir. Bir amallab krovatdan yerga yumalasa bas — bu azoblardan qutuladi-qoʻyadi. Biroq u bunday qilolmasdi. U hayotni juda ham sevardi. Uzoq yashamoqni orzu qilardi. Axir, endigina 38 ga kirdi. Avji navqiron payti, avji ishlaydigan, yaratadigan payti. Axir, hali uning qanchadan-qancha niyatlari kitob shakliga tushgani yoʻq. Ijodkor odam yuragidagi dardu hasratlarini qogʻozga tushirmasdan ketolmaydi-ku! Mayli, ajal har kuni tajovuz qilsin, mayli har tunda Azroil uning jonini olmoq uchun chiroyli, kelishgan yigit tarzida, goh keksa, munkillagan qariya shaklida kelsin — Samar unga boʻsh kelmaydi. Bir yil kasalxona palatalarida uzluksiz davom etgan Ajal bilan Inson oʻrtasidagi hayot-mamot jangida Inson gʻolib chiqdi. Mayli u nogiron boʻlib chiqqan boʻlsin, mayli, uning harakat qilish imkoniyatlari ancha cheklangan boʻlsin, mayli, uning jismoniy quvvati ancha kamaygan boʻlsin, baribir, Inson gʻalaba qildi. Samar yana bir marta Inson irodasi, ruhiy qudrati qanchalik cheksiz imkoniyatlarga ega ekanligini hammaga namoyish etdi. Jussasi unchalik katta emas edi, uning polvonlik kelbati yoʻq edi. Zohiran qaraganda unchalik baquvvat koʻrinmas ham. Ammo uning ichki qudrati imoni butunligi uchun, fidoyiligi va sadoqati uchun bu kurashda yengib chiqdi.

Albatta, bu gʻalaba oʻz-oʻzidan qoʻlga kiritilgani yoʻq. Bunda oʻz ishiga sadoqatli vrachlarning xizmati katta, bunda hamkasblarining, ijodkor doʻstlarining ham hissalari bor. Oʻzbekning axloqida hamisha bemorlar holidan xabar olish har bir odam uchun ham farz, ham qarz ekani uqdiriladi.

Samar toʻshakka mixlanib yotganida yogʻochdek qotib qolgan barmoqlarini qalam tutishga yarashi uchun tinimsiz uqalab yotgan kezlari Abdulla Oripov boshchiligidagi bir guruh yozuvchilar uni koʻrgani borishadi va dalda gaplar bilan uning koʻnglini koʻtaradi. Yana keksa yozuvchimiz Nazir Safarov ham atayin uni koʻrgani kasalxonaga boradi. Bularning hammasi Samarga dalda berishda, ruhan qoʻllab-quvvatlashda katta rol oʻynaydi. Biroq bular bilan bir qatorda yana bir fakt borki, uni tilga olmaslik sira mumkin emas. Samarni oʻlim chohidan chiqarib olishda uning turmush oʻrtogʻi Oliyaxonning oʻrni benihoya katta boʻldi. Oliyaxon Samardan ikki-uch yosh kichik, lekin uning ham ichki qudrati, irodasi, vafodorligi, sadoqati shu qadar ulugʻ ediki, bu ulugʻvorlik qarshisida ajal chekinishga majbur boʻldi. Oliyaxon yana bir marta ayollarimizning buyuk xislatlarini butun dunyoga namoyish qildi. Shoir Abdulla Oripov yozganidek, bunday ayollarning ulugʻvorligi qarshisida faqat bosh egib ta’zim qilmoq kerak. Men ishonaman — ehtimol, zamonlar oʻtib, «Samariddin va Oliyabonu» degan bir doston yozilar. Ehtimol, bu dostonning ham shuhrati «Tohir-Zuhra» va «Layli-Majnun»lardan qolishmaydigan boʻlar. Ehtimol, u ham Insoniy muhabbatga, vafo va sadoqatga qoʻyilgan oʻlmas haykal boʻlar.

Shu nuqtada Samar haqidagi gaplarni bir lahza toʻxtatib, Oliyaxon toʻgʻrisida ikki ogʻiz gapirish lozim. Oliya institutni bitirib «iqtisodiyot» fani boʻyicha diplom olib, Samarga turmushga chiqqanida har qanday yosh kelinchak singari uning qalbida ham bir dunyo bir-biridan shirin orzular bor edi. U, albatta, turmush oson kechmasligini, ularni roʻyobga chiqarmoq uchun jon-jahdi bilan kurashmoq kerakligini bilardi. Lekin Oliya bu kurashlar, mashaqqatlarning hech qaysisidan qoʻrqmas edi. U ruhan kurashga tayyor edi. Axir, u yolgʻiz emasdi-ku? Bu kurashda uni qoʻllab-quvvatlovchi, har qanday sharoitda unga madad beradigan suyangan togʻi — sevgan turmush oʻrtogʻi bor. Ular xalq maqolida aytilganidek, «qoʻsh hoʻkiz» boʻlib, turmush aravasini bemalol torta oladilar va manzilga yetib boradilar. Biroq bu orzularning hammasi roʻyo boʻlib chiqdi. Turmushning bir zarbasi bilan orzular qoqiguldek har tomonga tirqirab ketdi. Oliya boshiga tushgan musibatlar ular xayol qilgan qiyinchiliklardan ming ba’d zoʻrroq edi. Nahotki, hayot degani shu qadar shafqatsiz boʻlsa? Nahotki, taqdir deganlari ikki mushtipardan oʻzining bir shingil mehrini shunchalar ayasa? Axir, ularning nima gunohlari bor edi.

Ha, ming afsuski, hayotda bunaqa sababsiz fojealar, kutilmagan sinovlar tez-tez uchrab turadi. Samar falokatga uchragandan keyin Oliya uchun yangi hayot boshlandi. Samar kasalxonada bir yil muttasil yotdi. Bu muddat davomida uning yolgʻiz qolishi mumkin emas edi — Oliya eng yaqin odami, sevikli xotini sifatida kechasiyu kunduzi uning yonida boʻlmogʻi, Samarning har bir xatti-harakatidan boxabar boʻlib turmogʻi kerak edi. Shunday qildi ham — u oʻzligidan voz kechdi, «iqtisodchi» degan diplomini sandiqqa joylab, kechalarini Samarning krovati yonida uyqusiz oʻtkaza boshladi. Ammo bu bilan ish bitmas edi — bu zamonda bemor boʻlish qiyin — buning uchun bitmas-tuganmas davlating boʻlsa tuzuk. Dori-darmonlar falon pul. Bundan tashqari, yana unga-bunga pul tutqazmasang, yaxshiroq qarashmaydi. Bola-chaqa hali yosh —ularga ham oziq-ovqat, kiyim-kechak kerak. Bularning bari uchun pul kerak. Samarning betobligi bilan roʻzgʻorni tebratib turgan mablagʻ oqimi ham toʻxtadi.

Endi bu muammo ham Oliyaning zimmasiga tushdi. U kasalxonaga yaqinroq joydagi bir korxonaga farrosh boʻlib ishga kirdi. Biroq farroshlikdan oladigan puli urvoq ham boʻlmadi, yana bir korxonaga qorovul boʻlib joylashdi. Shu ahvolda uning topgan puli taqdir zarbasini bir daraja yumshatishga yordam berdi. Albatta, Oliyaning bu xatti-harakatlari besamar ketmadi. Samar xotinining fidoyiligidan juda katta madad oldi — nimjongina, uvoqqina xotini ayol boshi bilan shunchalik jonbozlik qilayotgan ekan, uning qaramogʻida Samarning nola-figʻonlar chekishi, faqat shikoyat bilan intihoni kutib yotaverishi toʻgʻri boʻlmaydi. Samar oʻzining butun irodasini, ichki qudratini safarbar qilib, nima qilib boʻlsa-da, bu mudhish chohdan chiqib olishga harakat qildi.

Muhabbat olamni qutqaradi deganlarida shuni nazarda tutishsa kerak-da. Odamning mehri odamga kuch ato qilishi shu boʻlsa kerak-da. Bir yil deganda Samar oyoqqa turib, kasalxonadan chiqdi. Ammo bu bilan Samarlar oilasining boshiga tushgan musibatlar tamom boʻlgani yoʻq. Kasalxonada kechgan bir yillik azob-uqubatlardan iborat hayot koʻp qismli fojianing faqat birinchi pardasi edi, xolos. Yanada mislsiz qiyinchiliklarga, odam bolasidan boshqa hech qanaqa maxluq chidayolmaydigan azob-uqubatlarga toʻla dramaning ikkinchi pardasi boshlandi. Samar kasalxonadan chiqqani bilan uni sogʻayib ketdi deyish mumkin emas edi — uning oʻzi birovning yordamisiz yurolmas, qoʻllari bir narsani tutishga, hatto qalam ushlashga ham yaramasdi. Uzoq muddat davomida toʻshakda harakatsiz mixlanib yotish, muttasil oʻtkir dorilarni qabul qilish uning ichki a’zolariga yomon ta’sir koʻrsatgan, jigar, buyrak, yurak kabilarni ancha ishdan chiqargan edi. Bundan tashqari, tibbiyot komissiyasi uni birinchi toifa nogironiga chiqardi. Shoʻro hukumati esa unga 80 soʻm nafaqa tayinladi. Faqat bir necha yildan keyingina nafaqa miqdori 120 soʻmga yetdi. Ammo bu ham toʻrt kishining tirikchiligi uchun kam edi. Albatta, har qanday sogʻlom mehnatkash odamda boʻlganidek, Samarning ham omonat kassasida 10 000 soʻm puli bor edi. Bu pulga bir necha muddat tirikchilik qilsa boʻlardi. Biroq shoʻro hukumatining oʻzi kuyib ketganidek, fuqarolarning omonat kassalaridagi puli ham tag-tugi bilan kuyib ketdi. Oila yanada nochor ahvolda qolaverdi.

Samarlar Toshkentda koʻpqavatli imoratning toʻrtinchi qavatida yashar edilar. Xasta odam uchun toʻrtinchi qavatga tushib chiqish, hatto oʻsha qavat havosidan nafas olib yashash juda qiyin edi. Shuning uchun ular oʻzlari tugʻilib oʻsgan Qarshi shahriga ketishga harakat qilishdi. Qarshi tugʻilgan shahri, lekin shundoq boʻlsa-da, uning nogironlarga, muhtojlarga koʻzi uchib turgani yoʻq edi. Bir necha yil deganda shahar hokimligi ularga 6 sotixlik chala qurilgan bir joyni berishdi. Samarlar boshpanalik boʻlganlariga juda xursand boʻlishdi, lekin (yana «lekin») bu joyning haqini toʻlamoq kerak edi. Er-xotin ming xil azoblar bilan mehnat qilib, toʻrt yil deganda imoratning pulidan zoʻrgʻa qutuldilar. Uyda yashamoq uchun zarur kommunal sharoitlar yoʻq edi — Oliya erini yoz kezlarida dahlizda togʻoraga oʻtqazib choʻmiltirar, qishda esa choʻmiltirishlar toʻxtar edi. Uy isitilmasdi, qahraton sovuq kunlarda Oliya toshni qizitib chelakka solib koʻrpaga oʻrab Samarning krovati yoniga qoʻyardi. Samar shu dohiyona tarzda oʻylab topilgan pechkaning tafti bilan jon saqlar edi. U qiyinchiliklar qarshisida osongina boʻyin egadiganlar toifasidan emasdi. Xotinining koʻmagida tirishib-tirmashib ijod qila boshladi. Bu ishda unga doʻstlarining, kasbdoshlarining diqqat-e’tibori, gʻamxoʻrligi yordam berdi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyev u bilan koʻp muloqotda boʻlardi. Oʻzuvchilar uyushmasining Qashqadaryo boʻlimi uning 65 yilligi munosabati bilan ijodiy kechasini oʻtkazdi. Bularning bari Samarga dalda berdi, taqdir toʻlqinlarining yangi zarbalariga dosh berishda koʻmak boʻldi. Bu voqealar, bu kunlar oʻsha kezlarda Samar uchun hayotidagi eng unutilmas, eng nurli kunlar boʻldi. Ammo...

Qiziq, inson hayotining aql bovar qilmaydigan gʻalati tomonlari bor — unda koʻpincha har bir voqeaning ketidan bir-ikkita «ammo», «lekin»i chiqib kelaveradi. Bir odamning eshigini ta’qib etgan musibatlar nima uchundir qayta-qayta shu eshikni qoqaveradi. Bu orada oilaga tayanch boʻlishi kerak boʻlgan oʻgʻil toʻsatdan kasal boʻlib qoldi — uning ichidan qon keta boshladi. Uni asrab qolishning iloji boʻlmadi.

Oradan koʻp oʻtmay esa ularning boʻyi yetgan qizlari oʻqishdan qaytayotganda bezorilar koʻchada boshiga temir bilan urib, sumkasini tortib olishadi. Bu zarbadan qiz ham bir umrga nogiron boʻlib qoladi. Bunday azob-uqubatlarni kechirgan Samar Nurov hech ikkilanmay Boburning

Charxning men koʻrmagan jabru jafosi qoldimu?
Xasta koʻnglum chekmagan dardu balosi qoldimu?

degan soʻzlarini oʻziniki yangligʻ takrorlashga toʻla haqqi bor edi!

Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi. Bunday ogʻir yukni odamzot qanday koʻtararkin?

Mana, Samar ham — u koʻrinishdan polvon emas, juda oddiy odam edi — yelkasida muttasil ezib turgan dahshatli yuk bilan 68 yil umr koʻrdi. Albatta, u juda qiynaldi. Haddan tashqari qiynalgan kezlarida, juda ezilib-ezilib ketgan paytlari necha martalab oʻlimni qoʻmsadi — oʻlim unga erishib boʻlmaydigan ne’matdek koʻrindi. U hatto umrining soʻnggi yillarida atrofidagi ayrim mahalliy toʻralarning loqaydligiga duch kelganda necha martalab xotiniga «Yashagim kelmayapti», degan ekan. Lekin shunday boʻlsa-da yashashda davom etdi.

Ogʻir atletikachilar, shtangada juda ogʻir yuk koʻtaruvchi jahon chempionlari bor. Albatta, jahon chempioni boʻlish yoki jahon rekordini oʻrnatish juda ogʻir ish. Buning uchun juda katta kuch-qudrat, matonat kerak. Ularning favqulodda qahramonligini sira kamsitmagan holda aytamanki, Samarning pahlavonligi ularnikidan ortiq boʻlsa ortiqki, aslo kam emas. Axir, shtangachilar faqat musobaqada butun kuchlarini bir nuqtaga toʻplab bir marta zoʻr beradilar. Samar esa bunday jasoratni har kuni koʻrsatdi. Buni hisoblab chiqsa 11 000 kun boʻladi. Qanday qilib u bunga erishdi? Qanday kuch uni mislsiz mashaqqatlarga chidashga, aql bovar qilmaydigan azob-uqubatlarni yengib oʻtishga undadi?

Menimcha, uning qalbida ulugʻ bir qudrat bor edi — bu qudrat uni ertaklardagi pahlavonlardan kuchliroq qildi.

U Qashqadaryoda tugʻilib kamol topgan edi. U oʻz yurtining har bir qarichini yaxshi bilardi. Tanti va zahmatkash xalqi, sevimli yurtiga munosib bir asar yozish, el-ulus dardlarini aks ettirgan badiiy polotno yaratish va shu yoʻl bilan bu yurt oldidagi farzandlik burchini oʻtash Samar Nurov hayotining mazmuniga aylangan edi. Shu oliy maqsad unga kuch berdi. U bu niyatini amalga oshirmasdan turib koʻz yuma olmasdi. Nogironligi, harakat qilish imkoniyatlari cheklanganiga qaramay, u Qarshi haqidagi romaniga material yigʻa boshladi, tarixiy hujjatlarni oʻrgandi, hatto Qashqadaryo hayotida muhim rol oʻynagan — oʻtgan asrda olingan noyob va nodir fotosuratlarni toʻpladi. Buxoro va Samarqandga xotini yordamida safar qildi. Nihoyat romanni yozib tugatdi.

Men shundoq ham choʻzilib ketgan bu maqolamda romanni tahlil qilmoqchi emasman. Bu ishni kelgusida munaqqidlar bafurja qilishadi. Men bu oʻrinda, eng soʻnggi fursatda ham, taqdirning bu shoʻrpeshona adibga nisbatan adolatsizlik qilganini, yana bir marta nomardlarcha qiynoqqa solganini aytmoqchiman — Samar romanni yozib boʻlgandan soʻng uni chop ettirish toʻgʻrisida oʻyladi. Tabiiyki, u oʻzining soʻnggi asarini qoʻllarida ushlab koʻrmoqchi, uning shaklu shamoyiliga boqib, eng katta orzusi roʻyobga chiqqanini koʻrib quvonmoqchi edi. Lekin kitobni chiqarishga bosh-qosh boʻladigan mard oʻsha paytlari topilmadi. Uning bu boradagi iltijolari Qarshi choʻlidan kelgan bir dod singari zamon qumloqlariga singib, yoʻq boʻlib ketdi. Kitob Samarning vafotidan keyingina homiylar yordamida dunyo yuzini koʻrdi.

«Qora tong» — tarixiy roman. Muallif unda Qashqadaryoning oʻtgan zamonlarini, Buxoroda hukmronlik qilgan irodasiz, boʻsh-bayov, davlatni boshqarishdan koʻra shon-shuhratni, maishatni yaxshi koʻradigan amir Muzaffar davrini keng tasvirlaydi. Adib Qoʻqon, Xiva va Buxoro xonliklari hammasi oʻzbeklarning yurti boʻlgani holda bir yoqadan bosh chiqarib birlasha olmagani, ahillikning yoʻqligi esa bu xonliklarning osongina oʻzgalarga yem boʻlishiga sabab boʻlgani toʻgʻrisida alam bilan hikoya qiladi. Hech shubha yoʻqki, istiqlol yillarida qalam bilan emas, yurak qoni bilan yozilgan, istiqlol gʻoyalari bilan sugʻorilgan «Qora tong» romani yangi tarixiy romanlarimiz qatoridan munosib oʻrin egallaydi.

Samar Nurovning bu qaygʻuli qissasiga shu oʻrinda nuqta qoʻysak boʻladi. Faqat uning xotimasiga bir-ikki soʻz aytsak kifoya. Samar Nurov tom ma’noda ajal bilan kurashib, uni yenggan adibdir. Toʻgʻri, u jismonan bugun yoʻq, olamdan oʻtgan. Lekin bundan buyon uning ruhi u yaratib ketgan asarlarda, birinchi navbatda «Qora tong» romanida yashaydi. Shu ma’noda men uni «Ajalni yenggan adib» deb atadim. Samar Nurov singari yorqin iste’dodli, mustahkam irodali, bardoshli va matonatli, fidokor va sadoqatli farzandlari bor oʻlka ular bilan faxrlansa arziydi.

Faxrlanish bilan birga, shoir Shayxzoda aytganidek, ularni faqat oʻlganidan keyin e’zozlamay, tirikligida ham alqasa, ularga gʻamxoʻrlik qilsa, boshiga qiyinchiliklar tushganda yordam qoʻlini choʻzsa, nur ustiga nur boʻlardi. Negaki, yurt dovrugʻini necha asrlar osha olib oʻtadigan odamlar aynan ana shu san’at va adabiyot ahlidir.