OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifOzod Sharafiddinov
Asar nomiKitoblar saltanatining malikasi
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Ozod Sharafiddinov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 3-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kitoblar saltanatining malikasi
Ozod Sharafiddinov

Sizga yolgʻon, menga chin — bundan taxminan 40-50 yillar muqaddam odamlar... kitobga navbatda turishardi. Albatta, har kuni emas va har qanday kitobga ham emas. Avval «falonday zoʻr kitob chiqipti», degan xabar tarqalardi, keyin oʻsha kitob falon kuni kitob magaziniga kelarmish, degan gap chiqardi. Oʻsha kuni ertalab 11-12larga aytilgan doʻkonga yetib borsangiz, izlagan kitobingiz allaqachon sotilib, tamom boʻlib ketgan boʻlardi. Xullas, bizga oʻxshagan oddiy kitobxonlarga yangi va kerakli kitoblarni xarid qilish jiddiy muammoga aylandi. Qiziq, boʻlmasa, kitoblar 50 ming yoki 100 ming (ha, ha, 50 ming yoki 100 ming) va hatto undan ham ortiq nusxada bosilardi, lekin shunda ham yaxshi kitob yetishmasdi. Pulimni changallab, xunob boʻlib kitob qidirib yurganimni koʻrgan doʻstlarimdan biri Bahri opaga uchrashni maslahat berishdi.

Men Bahri opani tanimas edim. «Ie, — dedi suhbatdoshim allanechuk ta’na aralash kinoyali boqib. — Bahri opani tanimaydigan kitobsevar bor ekan-da shahrimizda! Bahri opa — kitob saltanatining malikasi-ku!»

Mening hamon angrayib turganimni koʻrib, suhbatdoshim Bahri opaning respublika kitob savdosining boshligʻi, juda dilkash, mehribon va tom ma’noda ziyoli odam ekanini uqdirdi.

Kitob savdosining idorasi Navoiy koʻchasida qurilgan yangi imoratning oʻng qavatida joylashgan boʻlib, Bahri opa uzun, katta, yorugʻ xonada oʻtirar ekan. Toʻrda katta rahbarning portreti, bir tomonda respublika xaritasi. Xonada boshliqning salobatli stoli, ustida har xil kitoblar, albomlar, allaqanday qogʻozlar, bir tomonda telefon, selektor... Devorning bir tomonida kitob toʻla javonlar, qarama-qarshi tomonda esa 15-20 chogʻli odam majlis qilsa boʻladigan uzun stol va stullar.

Xonani koʻrdim-u, tarvuzim qoʻltigʻimdan tushdi. Negaki, bu xona men biladigan kalondimogʻ, mutakabbir, byurokrat boshliqlarning xonasidan hech narsasi bilan ajralib turmasdi. Lekin ish stolining ortida oʻtirgan oʻrta yoshlardagi, istarasi issiq ayol meni oʻrnidan turib qarshi oldi. U juda oddiy kiyingan, shu bilan birga, ustidagi kostyum-yubkasi, oppoq koʻylagi oʻziga juda yarashgan edi. Yuzida pardoz-andoz belgilari koʻrinmasa-da, allaqanday tiniqlik bor edi, biroz qisiq koʻzlari, qirra burni, lablari va dahanida esa qaysi bir tanish shoirning chehrasini eslatadigan chizgilar bor edi. Keyin bildim — Bahri opa Gʻafur Gʻulomning tugʻishgan singlisi ekan, shuning uchun uning chehrasi menga juda tanish koʻrinayotgan ekan.

Avvaliga bu ayolni ham oʻziga bino qoʻygan, qoʻli ostidagi xizmatchilarga buyruq berib kun koʻrishdan boshqani bilmaydigan byurokratlardan biri deb oʻyladim, hatto uning huzuriga iltimos bilan kelganimga ichimda afsuslanib ham qoʻydim. Bahri opa meni stoli yonida turgan yumshoq oʻrindiqqa oʻtirishga taklif qildi, stolining ustidagi choynakdan bir piyola choy quyib uzatdi, oldimga shirinliklar solingan vazachani surib qoʻydi.

Men nima iltimos bilan kelganimni aytdim. Oʻsha paytda kitoblarga obuna boʻlish keng rasm boʻlayotgan edi. Biron yozuvchining koʻp jildlik asarlari yoki qomuslarni, har xil fantastika hamda sarguzasht kutubxonalarimi, biron muhim mavzudagi asarlar toʻplami chiqadigan boʻlsa, ularga obuna e’lon qilinadi, siz bir jildning haqini toʻlaysiz, qoʻlingizga kvitantsiya tutqaziladi. Shu kvitantsiya bir yilmi-ikki yilmi muddat ichida qolgan jildlarni ham olishingiz uchun kafolat beradi. Lekin haqini toʻlab, shu kvitantsiyani olaman, deganlar son-mingta. Navbatda turib, ularga yetishmoqning iloji yoʻq edi. Bahri opa bunaqa iltimoslarga koʻnikib qolgan shekilli, hayron boʻlmadi, aksincha, «kitoblar oʻzlarining chin egalariga yetib borgani ma’qul», dedilar-da, mening nima sababdan ayni shu kitobni soʻrab kelganimga qiziqa boshladilar. Keyin, umuman, nimalarga qiziqishimni, nimalar oʻqiganimni soʻradilar, gap orasida «Falon kitobni oʻqiganmisiz? Falon kitob haqida nima deysiz?» deganga oʻxshash savollarni ham berib qoʻyardilar. Biz oramizda 15-20 yosh farq boʻlishiga qaramay, darrov til topishdik. Qarshimda oʻtirgan ayol odmi va toʻporiga oʻxshab koʻringani bilan bir zumda ayon boʻldiki, u juda oʻqimishli, saviyasi keng, teran mulohazali, chindan-da tom ma’noda ziyoli va ma’rifatparvar bir inson edi. Men keyinchalik Bahri opaning oldiga tez-tez keladigan boʻldim. Shahardagi turli madaniy-adabiy yigʻinlarda uchrashib turardik. Men u kishining oʻgʻli Davron bilan tanishib, doʻstlashdim. U qoʻli gul jarroh edi, noyob operatsiyalar qilar, keyinroq universitetda Bahri opaning qizi Nodiraxon bilan birga ishladik. Bu uchrashuvlar va tanishuvlar oqibatida Bahri opaga hurmatim ortgandan orta bordi. U chindan-da kitoblar saltanatining malikasi, desa arzigulik ayol edi. Kitoblar saltanati, kitob dunyosi bamisoli hududsiz, chegarasiz bir ummonga oʻxshaydi. Bu ummonga kirgan odam kemaning rulini mahkam tutishdan tashqari, yelkanlarini boshqarishi, oʻtxonalariga chapdastlik bilan oʻt yoqishni ham yaxshi bilishi kerak. Bahri opa shu ummonda oʻz kemasini bilagʻonlik bilan boshqara oladigan, manzilga adashmay yetkazib bera oladigan dargʻalardan biri edi.

Kitob ishi har qancha nozik va noyob boʻlmasin, bir vaqtlar nisbatan oson ish boʻlgan. Hali matbaa uncha rivojlanmagan, mashinalar bir kunda minglab kitoblarni chop etib tashlaydigan, qoʻlyozmani qoʻlda koʻchirib, qoʻlda muqovalab, qoʻlda kitob holiga keltiradigan zamonlarda kitobni targʻib qilish ham, tarqatish ham oson boʻlgan. Lekin keyinchalik kitob bosish va kitobni tarqatish xalq xoʻjaligining juda muhim va murakkab tarmoqlaridan biriga aylandi. Kitob — faqat tarbiya quroli, ma’naviy oziq manbai emas, biznes predmetiga ham aylandi. Bu soha ham maxsus bilimga, uquvga, qolaversa, iste’dodga ega boʻlgan mutaxassislarni talab qiluvchi sohaga aylandi. Bahri opa oʻz sohasining eng nozik tomonlarini chuqur egallagan, uning hamma past-balandliklarini biladigan mutaxassis edi. Nazarimda, ayni kitob savdosi sohasida uning tashkilotchilik qobiliyati ham, bilimdonligi ham, tadbirkorlik bobidagi salohiyati ham ancha-muncha toʻla namoyon boʻlgan. Respublikada kitob savdosi tezkor, ixcham, samarali va soat mexanizmiday aniq ishlaydigan tashkiliy shakllar kasb etgan edi. Toshkentdagi markaziy apparatdan tashqari, uning viloyatlarda va shaharlarda boʻlimlari bor edi. Qishloqlarda esa «Oʻzbekbirlashuv»ning kitob savdosi bilan shugʻullanadigan boʻlimlari, toʻgʻrirogʻi, katta-kichik magazinlari boʻlardi. Albatta, ular oʻrtasida muayyan raqobat, koʻz ilgʻamaydigan musobaqa boʻlib turardi, ammo bu raqobat kitob savdosi xodimlariga ham, kitob muxlislariga ham faqat foyda keltirardi. Kitob savdosi katta soha edi. Uning nafaqat magazinlarida, balki bazalarida ham yuzlab, balki minglab odamlar ishlardi. Bahri opa ularning koʻpchiligini shaxsan tanir, kimning nimaga layoqatli ekanini yaxshi bilardi. Natijada bu sohaga tajribali va malakali odamlar yigʻilib qolgan ediki, ularning ham koʻpchiligi oʻz sohasini xuddi Bahri opa kabi chin dillaridan sevar va unchalik serdaromad boʻlmasa-da, yillar mobaynida, ba’zilar hatto butun umrlari davomida bu sohani tark etmas edilar. Men bu odamlarning koʻpchiligi bilan Toshkentda, Fargʻona vodiysida, Samarqand va Buxoro kabi koʻhna shaharlarda koʻrishganman, ayniqsa, qoʻqonlik kitob savdosi xodimlari bilan doʻstlashib ham qolganman. Ular nafaqat malakali xodimlar sifatida, balki oʻz kasbiga sadoqatli va fidokor odamlar sifatida chuqur taassurot qoldirgan edilar. Ular shunchaki savdo xodimi emas, xalq madaniyatining jonkuyar arboblari, kamsuqum, zahmatkash targʻibotchilari edi. «Kitob savdosi» deganimiz oʻz nomiga koʻra «savdo» deyilgani bilan boshqa savdolardan keskin farq qiladi. Masalan, non doʻkoniga har kuni bir mahal-ikki mahal xaridorning oʻzi oʻz oyogʻi bilan kelib, kerakli nonni xarid qilib ketadi. Kitob doʻkonida esa biroz boshqacha. Bunda ba’zi kitoblar shov-shuv bilan tezda qoʻlma-qoʻl boʻlib ketsa-da, ba’zi kitoblar bir ikki yillab turib qoladi. Bu hodisa biznes nuqtai nazaridan chidab boʻlmaydigan hol — pul charxchining charxiday qancha tez aylansa, shuncha koʻp tugʻadi, binobarin, shuncha koʻp daromad keltiradi. Men Bahri opadan kitob savdosining bunaqa ichki «sirlari» toʻgʻrisida tez-tez soʻrab turardim. Bahri opa «ha, endi har sohaning oʻziga xosligi bor-da», derdilar-u, «sir»ni ochishga ham oshiqavermas edilar. Nihoyat, bir gal men koʻproq xiralik qildimmi yoki Bahri opaning kayfiyatlari har doimgidan chogʻroq boʻlib turgan ekanmi, oʻzlari gapirib qoldilar:
— Hozirga paytda, koʻp sohalar kabi kitob savdosi ham samarali boʻlmogʻi uchun chuqur ilmiy asoslarga qurilishi kerak, — dedilar Bahri opa. Men ichimda «obbo, men aralashmagan bir kitob sohasi qoluvdi», dedim-u, kayfiyatimni oshkor qilmay, tinglashda davom etdim. — Kitobni koʻproq sotmoq va egasining qoʻliga yetkazib bermoq uchun mahalliy joylarda rosmana tadqiqotlar oʻtkazmoq, potentsial kitobxonlarimizni obdon oʻrganib chiqmogʻimiz kerak.

Bahri opa shunday deb kartotekalarini koʻrsatdilar. Men uni har oyda keladigan kitoblar roʻyxatidan iborat deb oʻtirgan ekanman. Yoʻq, unda respublikamizdagi har bir shaharda va har bir tumanda yashaydigan odamlarning yoshlari, ma’lumotlari, kasbkorlari, maktablar va boshqa shunga oʻxshash narsalar haqida ma’lumotlar bor ekan. Binobarin, Toshkentdan, aytaylik, Oqtosh yoki Kattaqoʻrgʻon shahriga kitob joʻnatilsa, toʻgʻri kelgan kitoblarni arava-arava joʻnatmasdan, oʻsha yerdagi odamlarning yoshiga va kasbkoriga, qiziqish darajasiga, madaniy saviyasiga moslab joʻnatar ekanlar.

Bahri opa oʻzbek adabiyotining, oʻzbek yozuvchilarining yaqin doʻsti edi. Bu ayolning oʻzbek adabiyotiga bevosita ta’siri ham katta boʻlgan. Bu gapni oʻqib hayron boʻlmang, aziz oʻquvchim. Ha, Bahri opa shoira boʻlmagan, romanlar yozmagan, lekin oʻz kasbining taqozosiga koʻra adabiyot rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan. Gap shundaki, adabiyot rivoji koʻp jihatdan chop etiladigan kitoblarning miqdoriga bogʻliq. Kitobning miqdori qancha koʻp boʻlsa, oʻquvchilarning soni ham shuncha ortib boradi. Masalaning yana bir tomoni bor. U kezlarda yozuvchining qalam haqi kitoblarning adadiga ham bogʻliq edi. Masalan, kitob ma’lum miqdorda, masalan 10000 donadan oshsa, qalam haqi 160 foiz miqdorida toʻlanar edi. Binobarin, yozuvchi nashr etilayotgan kitobining adadi koʻpayishidan bevosita manfaatdor edi. Kitobning adadini esa faqat Oʻzuvchilar uyushmasi yoki nashriyot emas, kitob savdosi tashkiloti belgilar edi. Shuning uchun Bahri opaning idorasiga yozuvchilar iltimos bilan koʻp kelishar, Bahri opa ham kitobning koʻproq sotilishiga koʻzi yetsa, uning adadini koʻproq belgilab beraverar edi. Bu jihatdan ham Bahri opa mardlarcha ish tutardi, boʻladigan ishni choʻzmasdan, mujmallashtirmasdan, shartta hal qilib berar va yozuvchini mamnun qilib chiqarib yuborishga harakat qilardi.

Hayot boʻlganida bugungi kunlarda Bahri opa 90 yoshga kirgan boʻlardi. Bugun ham bu ajoyib ayolning unutilmas siymosini koʻz oʻngimga keltirib, uning xotirasini eslar ekanman, birinchi navbatda, xalqimizning iste’dodlarga, betakror shaxslarga naqadar boy xalq ekanidan iftixor qilaman. Xalqimiz orasidan asrlar mobaynida nafaqat erkaklar orasidan buyuk zotlar yetishib chiqqan, balki yorqin, oʻziga xos, qobiliyati hammani qoyil qoldiradigan ayollar ham koʻplab yetishgan. Ularning dovrugʻi zamonlar osha bizning kunlarimizga ham yetib kelgan. Bahri opa shunday ayollarimizdan biri edi. U buyuk shoirimiz Gʻafur Gʻulomning tugʻishgan singlisi edi. Ammo faqat shu xislati bilangina bu ayol yurtimizda katta dong qozongani yoʻq. U oʻzining aql-zakovati, bilimi, joʻshqin harakati, mehr-muruvvatga toʻla qalbi bilan ham elu yurtning ardoqli farzandi boʻlib qoldi. Bahri opa kitobga mehri, unga fidoyiligi, sadoqati bilan ham odamlar qalbida oʻchmas iz qoldirdi.

Yaqinda men muhtaram akademigimiz Azizxon Qayumov bilan suhbatlashib qoldim. Gap aylanib, Bahri opa toʻgʻrisida ketdi. Azizxon aka ham men kabi Bahri opaning muruvvatlaridan bahramand boʻlgan koʻpgina odamning bittasi ekan.
— Biz jadidlarni hurmat qilamiz, — dedi Azizxon aka. — Mana, nihoyat mustaqilligimiz sharofati bilan ularni tarixdagi oʻrinlariga qaytaryapmiz. Ular juda ogʻir sharoitlarga qaramasdan, zulmatni ma’rifat mash’ali bilan yoritishga harakat qilishgan, bu olijanob niyat yoʻlida mollarini ham, jonlarini ham ayamaganlar. Mening nazarimda, elu yurtimizni ma’rifatli qilishda, kitobdan bahramand boʻlishga oʻrgatishda Bahri opaning ham xizmati jadidlarnikidan qolishmaydi. Biz jadidlarni qanchalik e’zozlasak, Bahri Gʻulomovaga oʻxshagan siymolarni ham shuncha qadrlamogʻimiz kerak.

Akademikning bu gaplari menga juda manzur boʻldi. Darhaqiqat, mening uyim turli durdona kitoblarning nurlaridan charogʻon ekan, har gal bu kitoblarning ancha-munchasi mening uyimga Bahri opaning sharofati bilan kelib qolgani esimga tushadi va qalbim bu ajoyib, munavvar insonga nisbatan iliq tuygʻularga toʻladi.