OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Pahlavon Mahmud. Ruboiyot
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifPahlavon Mahmud
Asar nomiRuboiyot
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/qadimgi adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Pahlavon Mahmud
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Ruboiylar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonЭргаш Очилов
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/18
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ruboiyot
Pahlavon Mahmud

1

Ey dil, yana dilbarga asir tushdingmi?
Dildori sitamgarga asir tushdingmi?
Alhol, qutulolmay qoʻlidan bittasining,
Boz bir pari paykarga asir tushdingmi?

2

Gul qoʻlda, qadah bongi quloqda boʻlsin!
Dunyo gʻamidan kech — u uzoqda boʻlsin!
Suv nagʻmasi ostida, bulut soyasida
Jom qoʻlda mudom, qoʻza quchoqda boʻlsin!

3

Dildor soʻradi: «Soʻyla, nechun qaygʻuda dil?
Yo bir pari tal’atmi kulib oldi koʻngil?»
Tutdim qoʻliga koʻzgu-yu, qildimki javob:
«Oyinada koʻrganing gʻamim boisi bil!»

4

Harchandki, ishqdan gahi begona esam,
Oshnoyu halovat bila hamxona esam,
Boʻlmang sira hayron yana bir hur uchrab,
Ahdim unutib, koʻyida devona esam.

5

Voqif ekanimda kelishingdan, dilbar,
Sochgan boʻlar erdim qadamishta gullar.
Sochib, yana tergay edi kiprik muztar,
Xoki qadaming koʻzimga aylab gavhar...

6

Sen deb bu koʻngil tiygʻi malomatga koʻnar,
Bitmas yarasi garchi qiyomatga qadar.
Hech kimsa omonlik tilamas, sen tugʻilib —
Hajringda faromush etdi sogʻlikni bashar.

7

Kimni qarama, katta gapirgay soʻzni,
Tortishni tilar guldek oʻziga koʻzni.
Oʻz soyam ila soʻzlashaman men tunu kun,
Koʻrgan kabi oyinada goʻdak oʻzni.

8

Noz bobida yor koʻziga kim kelgay teng?
Soz boʻlsa karashma, gʻamzalar — mizrob[1] deng!
Ovlaydi baliq kabi koʻngillar qushini,
Boq: ham ipu ham qarmoqdir zulfi uning!

9

Qoldirma meni yoʻlimdan, ey olifta,
Qoʻy, qilma meni shamol kabi oshufta.
Yoʻlimga muattar gul isini sochma,
Bunda bari tuproq hidiga ogʻushta.

10

Orif kishilarni sen bashar gavhari bil,
Har mahdudlik — koʻtohnazarlikka[2] dalil.
Ishqsiz kamol boʻlmas bu olamda,
Asli koʻzadan murod kuloldir butkul.

11

Sof oltinman el ichida ardoqli,
Mis yo jez emasman yaltiroq, aldoqli.
Oftob nuridek oʻzimni sof qilganman,
Bas, oydek emasman: ham sovuq, ham dogʻli.

12

Tolib, menga qilma shikoyat aflokdan,
Xok boʻlgach oʻzim, men nega qoʻrqay xoqdan?
Bir xasni bu daryodan ololmas hech kim,
Gavxar senga, qoʻymasin meni xoshoqdan.

13

Bu charx mudom fitna oʻtini qoʻzgʻar,
Bu charx osoyishing balo birla buzar,
Bu charx vafo-la bogʻlamas mehr ipini,
Bu charx adovat qilichini tezlar.

14

Hamma meni bir ogʻizda qilgay gʻiybat,
Tinchimni buzar bu hol, boʻlar toq toqat.
Bu toifa goh yaxshi deyar, gohi yomon,
Chunki bir-ikki fanda topibman shuhrat.

15

Savdo guli yuz ochdi dimogʻimda, mana,
Qarshimda junun pardasi ochildi yana.
Dogʻ bor edi koʻksimda bu oshiqlikdan,
Ul gulladi-yu, gul ila chulgʻandi tana.

16

Hal qilsa edi dunyo ishini kuchu jang,
Nomard boshidan mard chiqarar erdi chang.
Dunyo ishi ammo misoli nard oʻyin:
Nomard firibidan mard holi boʻlgay tang.

17

Bir dardki ajal — unga sira yoʻq darmon,
Sultonu gadoga oʻtkazar u farmon.
Kirmon shoxi Kirmonni yegandi ul kun,
Bu kun uning oʻzini yemoqda kirmon…[3]

18

Bir kun u sanamgakim, misoli gʻuncha,
Dedim: «Nega siniqdir ovozing muncha?»
Ul qildi javob: «Kichkina boʻlgach ogʻzim,
Ovozim, axir, sinadi-da chiqquncha!»

19

Oshiq boʻlaman gohi yuzi gulgunga,
Oshiq boʻlaman gohi sochi mushkinga.
Topsam nimada rangu boʻyingni, xullas,
Oshiq boʻlaman men shu zahoti unga.

20

Oftob yigʻlab, shafaqni qonga beladi,
Oy tirnadi yuz, Zuhra-chi, sochin yuladi.
Tong motamida qora kiyim kiygayu tun,
Sovuq oh urib, yoqasini chok qiladi.

21

Kim koʻrnamagu Haq bexabar boʻlsa — yomon,
Orif kishi unga barobar boʻlsa — yomon.
Eski ekani libosni hech aybi emas,
Libosning oʻzida ayb agar boʻlsa — yomon.

22

Boʻlmaydigan ish borki, hayit boʻldirgay,
Soqiy koʻzasiga toza may toʻldirgay.
Tark aylayu roʻzani, namozni qoʻygil,
Koʻnglingdagi gʻamlarni hayit oʻldirgay.

23

Biz qaygʻu-alam tashvishidan ozodmiz,
Gʻam qismatimiz boʻlsa-da, doim shodmiz.
Bilmay nima rangu boʻyi hushyorlikning,
Yor koʻzi misoli masti modarzodmiz[4].

24

Tolib, qabuling battar erur inkordan,
Yomon har ishing — foydasi yoʻq takrordan:
Kofirsan-u, el ichinda moʻmin noming,
Kofir yaxshi sen kabi dilozordan!

25

Tolib, bu fe’lingdan xijil boʻl, xijil,
Chunki bir emasdir senda til ila dil.
Yarming tovus-u, yarming kaklik, bunga:
Bir oyoq — loy, birida hino — shu dalil.

26

Ilmu ma’rifat tili qalamdir har dam,
Soʻz gavhariyu tafakkur shampshri ham.
Ul mulk sohiblari bilishsin yaxshi:
Soʻz maydoni mulkimdir mening mustahkam.

27

Nomingkim, undan topdi ayyom sharaf,
Bu nomdan topar hattoki nom sharaf.
May ichsang agar ushbu sharafli kunda,
May fayz olib, topgusidir jom sharaf!

28

Dil daftarini hamisha guldek ochay,
Dil kulini lola kabi yellarga sochay,
Qumsoatdek har kecha hijron gardin
Dil menga toʻkar, men boʻlsam dilga necha...

29

Sindirgali tavbamni sharob keltirgil,
Koʻnglim toʻla qaygʻu-iztirob, keltirgil.
Bagʻrim oʻtini bir oz pasaytirmoqqa
Bir-ikki qadah mayni shitob keltirgil!

30

Aytib edi menga bir kuni sohibi dard:
Kim qilmasa mard xizmatini — boʻlmadi mard!
Hech xizmatini qilma oʻshal kimsanikim,
Gar qilgan emas yoshligida xizmati mard.

31

Badfe’l kishi hamisha dilxasta boʻlar,
Unga talab eshigi mudom basta boʻlar.
Gar yaxshi-yomon bilan chiqishsa har kim,
Gʻamdan qutulib, quvonchga payvasta boʻlar.

32

Daftardagi har nukta bu — quygan koʻnglim,
Har harf misoli tun qarodir — ma’lum.
Har kecha bu sham’ minnatini chekmasman,
Sham’dan koʻra nurliroq mening har fikrim!

33

Umring mayi goh shirin boʻlar, gohi taxir,
Goh atlas-u, goh boʻz boʻlar egningda, axir.
Gʻam chekkali arzimas bular oqil uchun,
Bu dunyoda xoru zor yashash unga ogʻir.

34

Miskin bu dilim oʻz hayotidan bezor,
Koʻzim oʻngida bu aziz umrimdir xor,
Boshimdagi toj oldida yengil afsor[5],
Yelkamdagi bosh salladan ogʻir koʻp bor.

35

Shohdan koʻra darvesh chekadi el gʻamini,
Darvesh dili anglar uni koʻpu kamshga.
Vayrona devor xavfli, unutma ammo,
Vayrona koʻngillar xavfi — oʻtli damini...

36

Umrim oʻq-u, ma’rifat hadafdir menga,
Tigʻim dur-u, telbalik sadafdir menga.
Men olami qudsiy quli, hurlar nafasi
Zanjir oyogʻimga — bu sharafdir menga!

37

Dil tangligidan koʻzimga bogʻ misli goʻr,
Gul qonli yara kabi tuyulgaydir — koʻr.
Tuzsizlik agar shoʻrlikning ziddi ekan,
Baxtim meni ham tuzsiz-u, nega ham shoʻr?!.

38

Xalq oldida meni xor, bechora qilma,
Shoxlar eshigida zor, ovora qilma.
Oq boʻldi karaming sababidan boshim,
Oq sochim haqqi, yuzi qora qilma![6]

39

Tosh boʻlsa qora, unda tiniqlik boʻlmas,
Murch birla qalampirda sovuqlik boʻlmas.
Tingla soʻzini Mahmudi Puryorvalining:
Kim mard emas, ul kasda yorugʻlik boʻlmas!

40

Gul chehrasida bulut niqobdir to hanuz,
Koʻnglim tilagi ayshu sharobdir to hanuz,
Qoʻy uyquni, umr oti shitobdir to hanuz,
May ich, jono, may oftobdir to hanuz.

41

Bosh boʻlsa tiniq, xush yoqadi toza sharob,
Kayf oshsa agar oqqusi koʻz yoshi shitob.
Chunki bu tuban dunyo vafoni bilmas,
Bas, dard mayidan boʻlish kerak mastu xarob...

42

Bu hoji boʻlib, endi quturmish battar,
Avval-ku ilon edi, boʻlibdi ajdar.
Zinhor harami makriga aldanmang, u —
Na bandasidan-u, na Xudodan qoʻrqar!

43

To bor esa gʻayrating, yana boʻlsang mard,
Uy ichra ayoling asra yuqtirmay gard.
Gar mevali shox devordan oshsa, ne dard,
Tama’ qilar undan hama — mard ham, nomard...

44

Hayhotki, hazin dilim sira boʻlmadi shod,
Ey voh, xotirim emas gʻamingdan ozod.
Afsuski, hayot daraxti bermay hosil,
Faryodki, shamolga uchdi umrim, ming dod!..

45

Shodmiz, bu koʻngilda gʻami ayyom yoʻqdir,
Nonushta yetar gar nasibi shom yoʻqdir.
Gʻayb olamidan bizga kelar pishgani to,
Hech bitta kishidan tama’i xom yoʻqdir[7].

46

Ey sarvqadu sumanbaru gul’uzor,
Doʻsting sira boʻlmasin sening xas ila xor.
Har qancha chamanda toʻkmasin qoʻr u chinor,
Gul novdasiga chinorni ne nisbati bor?

47

Men dard eruram, dard — tamoman jismim,
Sham’ ersa yuzing, parvona — mening ismim.
Gar davlati vasling muyassar oʻlsa,
Surtay za’faron yuzimni poyishta jim...

48

Dil koʻyida kecha men ibodat qildim,
Har pokni-da nopok ziyorat qildim
Ham yeb ramazon roʻza, kaforat qildim,
Iyd oni namozni betahorat qildim.

49

Bul kunda bahoyi oʻtinu ud birdir,
Ham martabada Xalilu Namrud birdir,
Kim nazdida oʻz davlatiga mastlarning
Ovvozi eshak, nagʻmayi Dovud birdir.

50

Kimman oʻzi — mendan-da savob istarlar,
Yeb-ichganim uchunmi javob istarlar.
Yoʻq yerda farishtalar hisobda hatto,
Ayting, oʻzi kimmanki, hisob istarlar?!

51

Bor menda na hushu, ey falak, na idrok,
Oyinai tiynatim ham ermasdir pok.
Bas, tarbiyatim uchun urinma bekor,
Xokni necha yuvsa, baribir, xokdir, xok...

52

Ey doʻst, senga barcha-da oshno boʻlmas,
Orif kishidan oʻzgasi shaydo boʻlmas.
Har qancha oʻzi boʻlsa-da rasvo, lekin
Dardingni u pok tutadi — rasvo boʻlmas.

53

Ketdik ketidan, kel, endi jononani, dil,
Qoqqil eshigini, izla har xonani, dil.
Xayyom kabi bizlar-da mudom may ila mast,
Doʻzax kutadi biz kabi mastonani, dil.

54

Zulfi necha ta’nayi buti Chin aylar,
Koʻz ishva oʻtinda gorati din aylar.
Ruxsorini koʻrsaydi arosatda Xudo,
Uz qudratiga oʻzi ming tahsin aylar!

55

Sofdir dilimiz — unda na keku kina bor,
El bizga erur dushman-u, biz barchaga yor.
Tavxid' mevasiga kon daraxt novdasimiz,
Har oʻtgan uloqtirsa-da tosh — qilmadik or.

56

Soʻz oshigʻiman, nurli nafas istayman,
Bir nuktaga menda yuz havas, istayman.
Yondirmadi bul mustame’larni nutqim,
Tinglashga soʻzim oʻzgani, bas, istayman.

57

Ey ishq, ne oʻtsan oʻzi — duding yoʻqdir?
Ey gʻam, ne navosanki, suruding[8] yoʻqdir?
Ey kom, nechuksan-ey, vujuding yoʻqdir?
Ey aysh, qiyosing ne, namuding[9] yoʻqdir?

58

Ul toza qizil sharob erur gavharimiz,
Biz birla kuyib, qildi figʻon sogʻarimiz.
May boshida biz, may esa bizning boshda,
May boshida may iching — may toji sarimiz.

59

Tildek, e koʻngil, dushmani joningmasmiz,
Nechun urasan tigʻni — zaboningmasmiz.
Tokaygacha sen uyquda-yu, biz — uygʻoq,
Ey uyquchi baxt, posboningmasmiz!..

60

Soʻrdim: «Bu hayot ma’nisi ne, jonona?»
«Yo sham’, — dedi, — yo bulut va yo parvona».
Soʻrdim yana: «Dunyoga koʻngil qoʻygan kim?»
«Yo goʻl, — dedi, — yo mast oʻsha, yo devona».

61

Tuymoq necha Qof togʻini hovon birlan,
Koʻkni boʻyamoq yurakdagi qon birlan,
Zindonda yotish bir asr afyun birlan
Soz hamdam oʻlishdan dame nodon birlan!

62

Chehrang uza, yor, tong kabi gul yogʻiladi,
Koʻklamga ibong mengzabe gul yogʻiladi.
Dilbar oʻsha tong xush to jahon chehrasidan
Porlab necha baxt kavkabi gul yogʻiladi!

63

Ey Tangri, xayot daraxtini past etma!
Ey Tangri, tiriklik mayidan mast etma!
Ey Tangri, karam ayla, javonmardlarni
Muxtoju faqir etma — bu xil qasd etma!

64

Gʻam-gʻussa bilan hayotni tark aylash hayf!
Qaygʻu tigʻiga-da chap berib uxlash hayf!
Oftob gulidek boʻlma bu dunyo bogʻida,
Surmay gʻunchalik lazzatini gullash hayf!

65

Yotganni bu tuproq qatida koʻp koʻrdim,
Qotganni zamin zulmatida koʻp koʻrdim.
Kelganni visol mayin ichib koʻrmadim-u,
Ketganni diydor hasratida koʻp koʻrdim.

66

Kim bizni siniq dilga muruvvat qilgay?
Kim aybu gunohimiz kaforat qilgay?
Biz qancha mazorlarni ziyorat qildik,
Kim bizni mazorimiz ziyorat qilgay?..

67

Ey doʻct, agar jon tilasang, bergum jon,
Qar neki aziz, ayt, uni aylay qurbon.
Ey kofiri berahm, esang men birlan,
Zunnor taqib belga, berarman iymon.

68

Otashki, alanga uradi — siynam oʻsha,
Daryo necha toʻlqinlanadi — diydam oʻsha.
Koʻz tashla: kulol qoʻlidagi loy kecha
Inson edi — biz bilan edi mahram oʻsha.

69

Me’mori azal qasr ila ayvon aylar,
Boʻlgay-da yasab, soʻng uni vayron aylar.
Har toqiki, yetgan edi bul kun koʻkka,
Ertan yana tuproq ila yakson aylar...

70

Davron gʻamidan koʻzimni giryon koʻrdim,
Har ranju balo borki, bearmon koʻrdim,
Nuh mingga kirib, koʻrgan edi bir toʻfon,
Men Nuh emasam-da, mingta toʻfon koʻrdim.

71

Filning kuchi senda boʻlsa ham moʻrdek boʻl!
Har ikki jahon mulki bilan oʻrdek[10] boʻl!
Koʻrsang-da hayotda aybini har kishining,
Hech narsani sezmaguvchi bir koʻrdek boʻl!

72

Yoding ila har zamon koʻngil toza boʻlur,
Tong yelida chunki gulsiton toza boʻlur.
Diydoring hayit erur — uni koʻrganda
Xotir xushu dil xurramu jon toza boʻlur!

73

Ey xoja, jahon ma’nisidan yoʻq xabaring,
Kunduz-kecha tortar oʻziga siymu zaring.
Dunyoda kafan erur faqat dastmoyang,
Ma'lum emas, ammo oʻshani ham etaring...

74

Qurboni muhabbat boʻlamiz, ishq — kafan,
Dard ilkida oʻsdik, malomat — vatan.
Firdavs ila jannatda sen oʻltir, zohid,
Biz — bulbuli mast, bizga jahannam — chaman.

75

Tun — homilador, har neki tugʻsa — koʻramiz,
Charx aylanadi, har ne yoʻliqsa — koʻramiz.
Umr avvalida har neki keldi — koʻrdik,
Umr oxirida ham nima boqsa — koʻramiz.

76

Aytmay sira olma kishining uyiga yoʻl,
Qadringni tushirma uzatib noniga qoʻl,
Minnatli kabobidan birovning doim
Qoq non ila suvingni baland qoʻyguchi boʻl!

77

Olam fili qaytarolmagay shiddatimiz,
Dunyoni qilar sarosima shavkatimiz.
Joy olsa chumoli safimizdan nogoh,
Bir lahzada sher aylar uni davlatimiz!

78

Yomonning sira hatlama ostonasidan,
Yeb tushma tuzogʻiga tagʻin donasidan.
Uq rostligidan bilib kamonni egri,
Koʻr qochishini shitob uning xonasidan!

79

Oqil sira his-tuygʻuga boʻlmaydi asir,
Zar qadri pasaymaydi hasad birla, axir.
Nomard — it esa, mardning qiyosi — daryo,
Bulgʻanmadi it tegsa-da, daryo baribir!

80

Bir yori vafodor kishi yoʻq olamda,
Dil mahrami mehribon topolmay gʻamda.
Inson zotidan kutma vafo — asli azal
Boʻlmaydi vafo rasmi bani odamda.

81

Koʻrdim uzoqdan u labi purxandang,
Ozod edim, tagʻin boʻlibman bandang.
Har bandaki, ozod erur — shod erur,
Men shodman angakim, boʻlibman bandang.

82

Oʻldim koʻmilib ming gʻamu hasratga, netay?
Loyiq emasam mehru muhabbatga, netay?
Keltirdi yuzing hajri nadomat, afsus,
Diydoring esa qoldi qiyomatga, netay?

83

Shoʻx dilbarimiz shirinmaqollik qilgay,
Yuz ishva bilan qoshi hilollik qilgay.
Nim jilmayib ul ogʻzining bir burchi bilan
Oʻp deb, meni joy goʻyoki xoli qilgay...

84

Davronki, hunar gʻayri jafo yoʻq unda
Ham ahli vafodan oshno yoʻq unda.
Men it boʻlayin vafosi bor kimsaga, bas,
It yaxshi kishidanki, vafo yoʻq unda.

85

Oʻz nafsiga kim boʻlsa amir, uldir — mard,
Hech kimsaga boʻlmasa asir, uldir — mard.
Oʻtmak sira magʻlubni tepib mardlik emas,
Tutsa qoʻlidan zabunni er, uldir — mard.

86

Ul ishq biyobonida yurmoq mushkul,
Oyoqni yigʻib ham yana turmoq mushkul.
Eng mushkuli ulki, hamma yerda, har dam
Yoring-ku ayon, lek uni koʻrmoq mushkul.

87

Ey charxi falak, zamonai dunparvar[11],
Egri yurishing toʻgʻri uchun xavfu xatar.
Nodon ulugʻ, oqil-chi, oyoq ostida gar,
Boʻlsin bu kabi charxi falak zeru zabar!

88

Gul koʻrkda seni toq, deb oʻzin oʻldiradi,
Ul lola qaro dogʻ, deb oʻzin oʻldiradi.
Koʻrganda jamoling nurini hatto sham’
Mendan oʻsha porloq, deb oʻzin oʻldiradi.

89

Sevgi gʻamini, dilim, tamanno qilding,
Xalq ichra oʻzingni necha rasvo qilding,
Koʻngil, deya mayli guli ra’no qilding,
Har kunda boʻlak gul labini vo qilding[12].

90

Ey, dil, sira atlas toʻpini qilma havas,
Tark aylama eski-tuski kiymakni-da, bas,
Gar istasang yengil kechishin ushbu hayot
Hech boʻlma qaram oʻzgani qoshida, abas!

91

Tutdik necha yil ilm ila daftar payini,
Etdik necha yil ziynatu zevar sa’yini,
Qay kunki, tushundik dahri dunning ra’yini,
Kechdik baridan ichib bu rindlik mayini!

92

Bul charxi falak ichinda biz bechora,
Fonus bilibon uni — qilib nazzora,
Oftob charogʻ boʻlsa, jahondir fonus,
Qoshida qoʻgʻirchoq kabi biz ovvora.

93

Koʻz ochdi sahar chogʻida nargis, lola
Ham tong qushi aytar edi aylab nola:
May ichki, hayotni tark etursan bir kun,
Uygʻon, hali tuproqda yotursan vola...

94

Hech berma jahonning doʻstligiga xotir,
Kindan boʻlagi boʻlmagay undan zohir.
Yuz yil yashasang-da, oxiri kelgay marg[13],
Yuz mulkni egallasang-da, hechdir oxir...

95

Dunyoda mudom topgil-u bir dono, oʻtir,
Yo izlayu bir nozli sanam, zebo, oʻtir.
Gar senga muyassar oʻlmasa ikkisi ham,
Vaqtingnni sovurma yelga-yu, tanho oʻtir.

96

Koʻz tegmasin ul nargisi shahlosiga!
Koʻz tegmasin ul la’li maypaymosiga![14]
Yolgʻiz tilagim bor — qabul etsin Xudo:
Koʻz tegmasin ul qomati zebosiga!

97

Biz tangrini yod etib, biyobon ketdik,
Tan olamidan kechib, jon tomon ketdik.
Naq yetmish ikki yil tunu kun fikr etdik,
Sargashta boʻlib keldig-u, sarson ketdik.

98

Shohlik tilasang, gadosi boʻl xalqingning!
Oʻzni unut-u, fidosi boʻl xalqingning!
Boshiga koʻtarsin, desang, el toj yangligʻ,
Qoʻlin oʻp-u, xokiposi boʻl xalqingning!

99

Pok etgali tiynatimni boʻldim mashgʻul,
Boqdim, unga qay damki tiniq tortdi ul.
Togʻ-togʻ gunohimni koʻrib oyinada,
Aybini birovlarning unutdim butkul.

100

Kelganda ajal yor jonini olmoqqa,
Bir yigʻladim-ey... tushdi bulut titroqqa.
Qabr ustiga kim kelsa, dedi bosh chayqab:
«Shundoq nozanin hayf bu qaro tuproqqa!»

101

Erta gʻamini chekma, azizim, bir dam,
Har lahza gʻanimat — uni oʻtkaz xurram.
Jon chiqsa yotarmiz-da necha ming yillik
Ajdodlarimiz bilan baqamti biz ham...

102

Topsang-da oʻlim parvosi yoʻq dunyoning,
Qadri shumi sen kabi malaksiymoning?
Hayron qoldim koʻrib Azroil ishini:
Qilt etmadi bir tuki olarkan joning...

103

Nomai a’molda bormi mazmun, soʻray?
Bul narsani qandoq soʻray, chun soʻray?
Yaxshisi koʻkragimdan bir darcha ochib,
Qonli yuragimdan bu hol sharhin soʻray...

104

Tuz qolmadi taqvoda, maza parhezda,
Yoʻq ta’mi gunohning-da, base, shul kezda.
Suv yuvgan esa gar tuzini hammasining,
Yel oldi mazasini ularning tezda.

105

Dil ichra qaro tugun misoli lola,
Ogʻzi kabi gʻunchaning koʻzim liq jola.
Koʻnglimga toʻkildi barchasi, doiraning
Zangoʻlasidek quloqqa toʻlmish nola.

106

Tuz yoʻq bu jahonda shu kecha-kunduzda,
Na yer tubi, na koʻk toqida — yulduzda.
Tuz konlari tuzga konligidan tuzsiz,
Oh, bu ne zamonki, tuz yoʻq hatto tuzda?!

107

Har gulniki, orzu qoʻlida koʻrgayman,
Yor bogʻining ul hosili-da, koʻrgayman.
Hijron qadahidan ichganim har tomchi —
Qon rangini qirmiz la’lida koʻrgayman.

108

Oh cheksang agarda, yoʻlga tikkil koʻzni,
Choh yonidan oʻtsang, ehtiyot qil oʻzni.
Doʻstlar uyida qachonki mahram boʻlsang,
Odobini buzma dilu qoʻlu koʻzni.

109

Koʻz tashla bu yoʻlga: rahnamolar ketdi,
Gʻaflatga qoʻyib seni oshnolar ketdi.
Ul qavm muvofiqu yaqin erdi senga,
Ul qavm oʻtib, senga fidolar ketdi.

110

Har uzvi zaminning dilidir dononing,
Lab yo tish erur zarralari dunyoning.
Har sunbulu gulki, bosh koʻtargay yerdan
Zulfiyu yuzidir u guli ra’noning.

111

Yuz boʻlsa jahon — rangini sendan olgan,
Aql ersa ariq — suvini oʻzing solgan.
Shabnam kabi oʻtkazma kulib umringni,
Chun bogʻchani rangu boʻyi sendan qolgan.

112

Oʻt oʻrnini qishda bosmagay gul nafasi,
Bir parcha kigizga yetmagay Rum atlasi.
Tingla soʻzini Mahmudi Puryorvalining
Bexayr kishi loʻli xotincha emas-e!

113

Zargarbacha koʻrsatdi yoʻlin Miltonning,
Qoidasidan berdi xabar sultonning.
Qoʻshdi el igaonchi kuchga-kuch — koʻrmasman
Bir arpaga teng Choʻnai Hindistonni![15]

114

Boʻldi boʻlarim gʻam zahri — hajr ogʻusida,
Koʻz ochsam agar qovrilaman qaygʻusida.
Ming andishada qoʻysam oyoq ustiga bosh,
Ruxsorini koʻrgum tizzaning koʻzgusida.

115

Xush umring ayol ogʻushida gar oʻtadi,
Yellar choʻl etagiga urib bar oʻtadi.
Har oni bahorning gʻanimat, zavqin sur,
Bizdan-da keyin qancha bahorlar oʻtadi!

116

Koʻz yoshi bilan koʻnshlni yuvdim butkul,
Bor gardi ketib, koʻzgu kabi porladi ul.
Ashkim kudurat gardini ham ketdi yuvib,
To yigʻladim aylangunicha koʻzguga dil.

  1. Mizrob — tanbur, rubob chalinadigan tirnoq, noxunak.
  2. Koʻtohnazar— kaltabin, fikri mahdud, aqli qisqa.
  3. Bu yerda shoir Kirmon — shahar va kirmon — qurtlar soʻzlari vositasida soʻz oʻyini qilgan.
  4. Modarzod — tugʻma, tabiiy.
  5. Afsor — noʻxta.
  6. Bu ruboiy Abusaid Abulxayrga ham nisbat beriladi.
  7. Bu ruboiy Abusaid Abulxayrga ham nisbat beriladi.
  8. Surud — kuy, qoʻshiq, ashula, ohang.
  9. Namud — koʻrinish; manzara; siymo.
  10. Oʻr — yalangʻoch.
  11. Dunparvar — yomon, razil kishilarni tarbiya qiluvchi.
  12. Vo qilmoq — ochmoq.
  13. Marg — oʻlim.
  14. Maypaymo — soqiy.
  15. Choʻna — Hindiston podshohi Ray Ropoy Choʻna.