OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifPirimqul Qodirov
Asar nomiAmir Temurning olamshumul ijodiy merosi
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Pirimqul Qodirov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 14-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Amir Temurning olamshumul ijodiy merosi
Pirimqul Qodirov

Sohibqiron Amir Temur barpo etgan ulugʻ davlat, u qurdirgan oʻlmas me’moriy obidalar, uning sarkardalik dahosi butun dunyoga ma’lum va mashhurdir. «Temur tuzuklari» deb atalgan ajoyib asari ham turli tillarga tarjima etilib, jahon miqyosida katta e’tibor qozongan. Bu asar tarixchilar va qonunshunoslar tomonidan koʻp tahlil va talqin etiladi. Chunki Amir Temur yaratgan tuzuklar qonun kuchiga va ulkan tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan, davlat ishlari shular asosida amalga oshirilgan.

Faqat biz, adabiyotchilar, «Temur tuzuklari»ni mumtoz adabiyotimiz tarixidan moʻ‘tabar oʻrin oladigan adabiy-avtobiografik asar sifatida har tomonlama tahlil va talqin qilib berganimiz yoʻq. Ushbu badia mana shu vazifani qisman boʻlsa ham ado etish yoʻlidagi bir intilishdir.

Bundan yetti-sakkiz asr burun vatanimiz Turonzamin va uning xalqlari bir yuzu ellik yil moʻgʻul bos-qinchilarining jabru zulmini boshdan kechirdi. Juda katta harbiy kuchga ega boʻlgan Chigʻatoy avlodlari Turon xalqini qurol kuchi bilan oʻziga qul qilib olgan edi.

Qullik zanjirini uzib tashlash va mamlakatni istilochilardan ozod qilish uchun Amir Temur va uning sodiq odamlari oʻn yildan ortiq oʻlim xavflari bilan olishib, eng ogʻir sharoitlarda qahramonona kurash olib boradilar.

Bu kurashning eng yorqin va haqqoniy tafsilotlari «Temur tuzuklari»da qahramon obrazi orqali koʻrsatilgandir.

Asarning bosh qahramoni, Turonzaminni moʻgʻul istilosidan ozod qilish uchun boshlangan xalq harakatida 25 yoshlik bahodir yigit — Temurbek yetakchilik qiladi. Uning zimmasiga tushgan oʻlim xavfi, quvgʻinlar, qamoqlar va boshqa azobu uqubatlarga qaramay, metin iroda bilan oʻz oldiga qoʻygan maqsadiga intiladi.

Amir Temur hayotining burilish pallalaridan biriga bagʻishlangan sahifadan parcha keltiraylik:

«Movarounnahrda chingiziylarning[1] jabru zulmi kuchayib ketdi. Ular sayyid va sayyidzodalardan yetmish kishini asir olib qamab qoʻydilar... Men bu mazlumlarni zolimlar zulmidan xalos qildim. Bu ish chingiziylarning menga nisbatan dushmanlik qilishiga sabab boʻldi... Xon meni oʻldirish haqida yorligʻ yubordi. Bu yorligʻ mening qoʻlimga tushib qoldi... Barlos qavmining bahodir yigitlarini oʻz atrofimda toʻplab, ularni birlashtirdim. Menga boʻysunib, koʻmakdosh boʻlishga rozilik bergan birinchi kishi — Iki Temur boʻldi, ikkinchisi Joku barlos edi...

Mamlakatning ulamo va mashoyixlari fatvo yozib berdilar... «Musulmonlarning yeri, molu mulki, nomusi va joniga zulm-sitam qoʻlini choʻzgan chingiziylarni daf’ qilishda barcha ahli islom mol va jonlarini ayamay Temurbekka yordamlashsinlar...»

Bu fatvoni menga koʻrsatganlaridan keyin jangu jadal bayrogʻini koʻtarib, chingiziylar ustiga lashkar tortishga qaror qildim... Lekin bir necha razil kishilar bu sirni fosh qilib qoʻydilar... Shundan keyin oʻylanib qoldim. Yaxshisi shahardan chiqib, Samarqand togʻlarida joylashay. Toki menga qoʻshilishni istaganlar huzurimga kelsinlar... Samarqanddan chiqqanimda oltmish otliqdan boshqa bir kishi ham menga ergashmadi.

... Togʻda bir hafta yotdim, biror kishi bizga kelib qoʻshilmadi»[2]

Bu hodisalarni faqat oʻzi boshidan kechirgan odamgina shunday aniq, tiniq va ta’sirli hikoya qilib berishi mumkin. Temurbek oʻz xotiralarida yoshlik yillarida boshdan kechirgan voqealarni hikoya qilar ekan, biz buni nasrda yozilgan qahramonlik dostonidek, muxtasar bir romandek ta’sirlanib oʻqiymiz.

Amir Temur yigirma olti yoshida 1362 yilda Samar qandda moʻgʻul bosqinchilariga qarshi kurash bayrogʻini koʻtarib chiqqanda hali koʻpchilik odamlar xalq ozodlik harakatiga tayyor emas edi. Shafqatsiz moʻgʻul qoʻshinlariga qarshi jang maydoniga chiquvchilar juda kam edi. Amir Temur oltmish yigiti bilan Tugʻluq Temurxonning oʻttiz ming kishilik lashkariga bas kelolmasligini sezib, togʻlarda yashirinib yuradi, keyin Xorazmga borib panoh topmoqchi boʻladi.

Ammo Moʻgʻul xoni Amir Temurni oʻldirganlarga yoki tirik tutib berganlarga katta mukofotlar va’da qilgan edi. Shu mukofotdan umidvor boʻlgan xivalik Tavakkal degan bek Qoraqum sahrosida Amir Temurga qarshi ming kishilik qoʻshin bilan jang qiladi.

Bu jangda Amir Temur qahramonlik koʻrsatib, shunday koʻp sonli gʻanimni yengadi. Lekin uning oʻntagina odami tirik qoladi. Shulardan yettitasi otliq. Qolgan otlar ham jang maydonida halok boʻlgan.

Amir Temurning yoshgina rafiqasi Oʻljoy Turkon ogʻa ham safarda birga ekan. Amir Temur otiga rafiqasini mindirib, oʻzi piyoda qum barxanlari osha janubga — Xuroson tomonga yoʻl oladi.

Moxon degan joyda, qadimgi Marv shahri yaqinida ularni Alibek Jonqurboniy degan hokim oʻz navkarlariga tutdirib, bir uyga qamab qoʻyadi.

Amir Temur bunday adolatsizlikka koʻnikib boʻyin egadigan odamlardan emas edi.

«Tutqunlikdan qutulish chorasini izlab, oʻz-oʻzim bilan kengashdim, - deyiladi Tuzuklarda, - Tangrining inoyati yetib, bahodirligim tutdi. Bor kuchim va chapdastligimni ishga solib, soqchilardan birining qoʻlidagi qilichini tortib oldim. Soqchilarga hamla qilgan edim, barisi qoʻrqib qochdi.

Qilich koʻtargancha toʻgʻri Alibekning ustiga bostirib bordim. Qilich tutganimni koʻrib qoʻrqdi. Qilgan nomunosib ishidan pushaymon boʻlib, mendan uzr soʻradi»[3].

Amir Temur umr yoʻldoshi bilan hibsdan qutulgandan keyin Xuroson tomonlarga boradi, uning atrofiga bir necha yuz tarafdorlar toʻplanadi. Hali bu kuch bilan Tugʻluq Temurxonning koʻp ming kishilik qoʻshniga bas kelib boʻlmas edi.

«Ikki yuz odamimni Buxoro atroflariga tarqatdim, - deb hikoyasini davom etdiradi Amir Temur, -Oʻljoy Turkon ogʻani ham yashiriqcha oʻsha yerda qoldirdim, oʻzim Samarqandga yoʻl oldim... Yashirincha ulus oralab, ikki mingga yaqin kishini ittifoqdosh qildim. Samarqand uzra saltanat bayrogʻini koʻtargudek boʻlsam, ular yordamga keladigan boʻldilar. Tunda pinhona Samarqandga kirdim va katta opam Qutlugʻ Turkon ogʻaning uyiga joylashdim. Kechayu kunduz fikr ogʻushida chora-yu tadbir izladim. Shu tariqa qirq sakkiz kun yashirinib yotdim. Oxiri shaharliklarning bittasi mening bu yerga kelganimni payqab qoldi. Sirim ochilishiga oz qolganda, nochor, birga kelgan ellik yigitimni olib, kechasi Samarqanddan chiqib ketdim»[4].

«Samarqand uzra saltanat bayrogʻini koʻtarish» - chingiziylarni Turondan quvib yuborib, mustaqil davlat tuzish degan gap edi. Bu ulugʻ maqsadga yetish yoʻlida Amir Temur yana koʻp xavfu xatarlarni, sargardonliklar va ogʻir koʻrguliklarni boshdan kechiradi.

«Qandahor tomon ketayotib, Xilmend daryosining boʻyiga yetganimda... Garmsir viloyatining xalqi va sipohidan qariyb ming otliq turk va tojik menga qoʻshildi, – deyiladi Tuzuklarda. — «Seyiston valiysi... elchi orqali sovgʻa-salom yuborib, mendan yordam soʻradi, «dushmanlarim menga zulm oʻtkazib, yetti qal’amni tortib oldilar, agar Amir Temur bu qal’alarni dushman qoʻlidan xalos qilsalar, askarlariga olti oylik oziq-ovqat yetkazib berar edim» degan va’dani berdi. Men Seyiston tomonga qoʻshin tortdim, yetti qal’adan beshtasini kuch va tadbir bilan qoʻlga kiritdim. Buni koʻrib, Seyiston valiysining diliga qoʻrquv tushdi. «Agar Amir Temur bu yerlarda turib qolsa, Seyiston mulki uniki boʻlishi aniqdir», degan xayol bilan valiy tunda menga qarshi tajovuz qildi, bexosdan ustimga qoʻshin tortib bostirib keldi... Ilojsiz jangu jadalga kirishdim.

Bir oʻq kelib bilagimga qadaldi, yana bir oʻq oyogʻimni yaraladi... shunga qaramay, jangni ular ustidan gʻalaba qilguncha davom ettirdim... Garmsir viloyatida ikki oy yaralarim bitguncha qolib ketdim»[5].

Mana shu parchaning tahliliga batafsilroq toʻxtalish joizdir. Chunki bu yerda Amir Temur hayotining eng dramatik voqealari mardona vazminlik bilan, qisqa, ravon va juda ta’sirli qilib aytib berilgan. Bu lavhalar xuddi badiiy asardek oʻqiladi.

Badiiy adabiyotda «muallif obrazi» degan tushuncha bor. Voqealar birinchi shaxs nomidan tasvirlangan asarda koʻpincha muallif bosh qahramon sifatida gavdalanadi.

Yuqorida keltirilgan lavhalarda ham bosh qahramon – Amir Temurning oʻzidir. Muallifning soʻzlash tarzi, uslubiy oʻziga xosligi orqali biz uning fe’li-atvorini tasavvur eta olamiz.

Amir Temurni oʻz koʻzi bilan koʻrgan tarixchi Ibn Arabshoh uning qiyofasini quyidagicha tasvirlagan:

«Temur baland boʻyli, qadimiy pahlavonlarday ulkan qomatli, yelkalari keng, boshi shernikiday katta, barmoqlari yoʻgʻon, oqu-qizil tiniq yuzli, yoʻgʻon ovozli, ikki koʻzi bamisoli ikki yoniq shamday olovli, badani pishiq, xuddi tosh misoli qattiq, oʻlimdan qoʻrqmaydigan iztirobsiz, vazmin odam edi»[6].

«Temur tuzuklari»dan keltirilgan lavhalar Ibn Arabshoh tasvir etgan qahramon qiyofasiga mantiqan toʻgʻri keladi. Amir Temur oʻlimdan qoʻrqmaydigan botir yigit boʻlgani uchun moʻgʻul istilochilariga qarshi kurash maydoniga chiqadi. Bu maydonda u mardona jang qiladi, oltmish yigiti bilan ming kishilik Tavakkal botirni yengadi. Uning joʻmardligi– yoshgina xotinini otga mindirib, oʻzi qum barxanlari osha piyoda yurganida ham koʻrinadi. Alibek Jonqurboniy zolimlik qilib uni qamab qoʻyganda Amir Temurdan boshqa zaifroq odam boʻlsa umidsizlikka tushib, «oh-voh!» qilishi, figʻoni koʻkka chiqishi mumkin edi. Lekin Amir Temur yana oʻsha vazminlik bilan najot yoʻlini izlaydi, oʻzi-oʻzi bilan kengashadi. «Tangrining inoyati yetib, bahodirligim tutdi» deydi. Bu bahodirlik – oʻlimga qarshi tik bora olish, bor kuchi va chapdastligini ishga solib, gʻanim bilan olisha bilish ilhomiga oʻxshaydi.

Qamoqxona eshigi oldida turgan soqchining beparvo paytini topib, toʻsatdan uning qilichini tortib olganda sherday gʻazabnok Amir Temurning vajohati soqchini qanchalik qoʻrqitib yuborganini muallif – qahramonning gap ohangidan payqaymiz. Koʻzlari olovday yongan, shersifat pahlavon qoʻlida yalangʻoch qilich bilan Alibek Jonqurboniy qarshisida toʻsatdan paydo boʻlganda bu zolim ham beixtiyor qoʻrqib ketganiga va Temurbekni nohaq qamatgani uchun uzr soʻraganiga biz yana muallif obrazining haqqoniyligi tufayli ishonamiz.

Oʻz oldiga Vatanini bosqinchi moʻgʻullardan ozod qilish kabi ulugʻvor maqsadni qoʻygan Temurbek yashiriqcha Qarshi va Samarqandga boradi. Ikki mingga yaqin tarafdorlar topadi. Lekin moʻgʻul xoni 20-30 ming qoʻshini bilan mamlakatni asoratda tutib turibdi. Hali unga qarshi qilich yalangʻochlaydigan vaziyat yetilgan emas.

Temurbek sabr-bardosh bilan qulay paytni kutadi, Samarqandda egachisi Ulugʻ Turkon ogʻaning uyida 48 kun yashirinib yotadi. Shu kunlarning oxirida bir begona odam uni koʻrib tanib qoladi.

Dushman qoʻliga tushmaslik uchun Temurbek yana ellik yigiti bilan Samarqandni tunda yashiriqcha tark etadi.

Qochqinlik va sargardonlik bir necha yil davom etadi. Xurosonga borganda Garmsir viloyatining mingga yaqin turku-tojik yigitlari uning qoʻshinlari safiga kiradi. Bu navkarlarni oziq-ovqat va qurol-yaroq bilan ta’minlash zarur. Ana shu hayotiy zarurat tufayli Temurbek Hirotdan janubroqda joylashgan Seyiston oʻlkasining hukmdori Malik Mahmud bilan ittifoq tuzib, shartlashadi. Qoʻshinning olti oylik oziq-ovqat zahirasi evaziga Temurbek Malik Mahmudga yordamga boradi. Temurbek ittifoqdoshlik shartini mardona bajaradi. Ammo Malik Mahmud nomardlik qiladi, yelkadan pichoq urganday boʻladi.

Avvalgi dahshatli qirgʻindan omon chiqqan Temurbek bu gal ogʻir yarador boʻladi. Tafsiloti aytilmagan boʻlsa ham, biz olchoq «ittifoqdosh» Mahmudning tunda toʻsatdan qilgan hujumi paytida Amir Temur zirhli kiyimlarini kiyishga ulgurmagan boʻlishi mumkin, deb taxmin qilamiz. Shu ham sabab boʻlib, birdan ham oʻng qoʻliga, ham oʻng oyogʻiga oʻq tegadi. Agar oʻq tekkan zahoti yaralarning qonini toʻxtatib, muolaja boshlansa, oqibati bunchalik yomon boʻlmasligi mumkin edi. Lekin Temurbek odati boʻyicha jangni gʻalabaga erishguncha davom ettiradi. Shundan keyin ikki oygacha yaralari tuzalmay betob boʻlib yotganiga qaraganda, ahvoli juda ogʻir boʻladi.

Bu voqealarni hikoya qilib bergan muallifning qahramonona xarakterini yana uning bosiq, vazmin va mardona gap ohangidan ilgʻab olamiz. Boshqa ta’sirchanroq odam boʻlsa, yaxshilikka yomonlik qilgan Malik Mahmudni «xoin, ablah» deb qoralab, bu baxtsiz hodisani kuyib-yonib hikoya qilib bergan boʻlardi. Chunki shu hodisa tufayli Temurbek koʻp aziyatlar chekdi.

Taqdir taqozosi bilan Amir Temur vatanini moʻgʻul bosqinchilaridan ozod qiladi, qudratli davlat tuzadi va 1383 yilda, ya’ni oradan 21 yil oʻtgandan keyin Seyistonga qoʻshin tortib boradi. Seyiston valiysi Malik Mahmud hali tirik ekan, asir tushadi. Sharofiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma»sida yozilishicha, Amir Temur uni oʻshanda xoinlik qilib otgan kamon oʻqlari bilan otib oʻldirishni buyuradi[7]. Olchoq gʻanimga qasos qaytadi.

«Temur tuzuklari»dagi jumla tuzilishlari, mohiyat va ma’noning behad quyuqligʻi «Alp Er Toʻnga» dostonini va tosh bitiklardagi Bilga Xoqon va Kultegin tarixlarini eslatadi. Oʻsha qadimiy dostonlar va tosh bitiklarda koʻringan mardona uslub, mohiyat va ma’noni turkiy tilda qisqa, loʻnda va rostgoʻylik bilan ifodalash an’anasi «Temur tuzuklari»da yanada yaqqol koʻzga tashlanadi.

«Saltanat toʻnini kiygach, tinchligu sogʻligim ketdi, – deydi Amir Temur. – Huzur-halovatdan voz kechdim. Oʻn ikki yoshimdan turli diyorlarni kezdim, ranju mehnat tortdim»[8].

Muallif faqat erishgan yutuqlari haqida emas, yoʻl qoʻygan xatolari toʻgʻrisida ham rostgoʻylik bilan yozadi:

«Yaqinlarimdan ba’zilari yolgʻiz qolganimizda va odamlar oldida ulugʻ va e’tiborli amirlarimdan boʻlgan Amir Abbos haqida yomon gaplarni aytdilar. Yolgʻon soʻzlar shamoli bilan gʻazabimni alangalantirdilar. Natijada gaplarini tekshirib koʻrmasdan Amir Abbosni oʻlimga buyurdim. Lekin keyinchalik ularning Amir Abbosga hasad va dushmanlik bilan yolgʻon gapirganlari aniqlandi. Men qilgan ishimdan oʻkinib, juda pushaymon boʻldim»[9].

Shu oʻrinda «Temur tuzuklari» toʻlaqonli realistik asarlardagina boʻladigan iqror lavhalarini esga soladi.

Hajm jihatidan uncha katta boʻlmagan bu asarning mohiyati va ma’nosi ba’zi koʻp jildlik romanlarga ham sigʻmasligi mumkin. Lekin Amir Temurning maqsadi farzandlar va avlodlariga oʻz hayotiy tajribasini aniq-ravshan shaklda yetkazib berish boʻlganligi uchun boshqa tarixnavislar uddalay olmagan ishni u oʻzi qilishga intiladi.

«Zafarnoma»lar uning harbiy yurishlari haqida ancha toʻliq ma’lumot beradi. Amir Temur shuni bilganligi uchun Toʻxtamishxonga qarshi yurishi va Yildirim Boyazid bilan qilgan jangi toʻgʻrisida juda qisqa – bir bet, hatto yarim bet yozadi. Ammo tarixchilar uncha yaxshi yoritolmagan mavzularga ataylab batafsilroq toʻxtaladi.

Ana shu mavzulardan biri – sarkardalik mahorati haqidadir.

«Yaxshi lashkarboshi oʻzini va qoʻl ostidagi toʻqqiz sipohiy favjini[10] bir tanadek koʻrsin, ularni shu yaxlit tananing qoʻli, oyogʻi, boshi, koʻkragi va boshqa a’zolaridek ishlatib kurashuvchi bir pahlavondek hisoblasin...

... Bordi-yu, lashkarboshining oʻzi qilich chopishga majbur boʻlsa, iloji boricha oʻzini oʻlimdan saqlasin. Chunki lashkarboshining oʻlimi oʻrduga badnomlik keltiradi, gʻanim lashkarining gʻalabasiga sabab boʻladi»[11].

Amir Temurning daho darajasidagi sarkarda boʻlganini butun dunyo tan oladi. Uning harbiy san’ati «Temur tuzuklari»ning badiiy tilida oʻzining yorqin ifodasini topgani yuqoridagi satrlarda yaqqol koʻzga tashlanadi. U 200 ming kishilik ulkan lashkarni xuddi oʻz tanasidagi a’zolarini kurashda yaxshi ishlata oladigan mohir pahlavondek ishlata olgan va buni qoʻl ostidagi lashkarboshilarga, oʻz avlodlari va vorislariga obrazli tafakkur yordamida oʻrgatgan.

Oʻnlab askariy qismlarni xuddi oʻz tanasining a’zolari kabi ichdan his qilib boshqarish – badiiy tasvir nuqtai nazaridan baholaganda obrazli tafakkurning ajoyib bir namunasidir.

Asarning ikkinchi qismidan qonun kuchiga ega boʻlgan 27ta tuzuk oʻrin olgandir. Ulardan birinchisi «Mening dargohimga iltijo qilib, panoh istab kelgan turku tojik, arabu ajam toifalaridan boʻlganlar borasidagi tuzuk» deb ataladi.

«Agar kasbu hunar, ma’rifat ahllaridan boʻlsalar, buyurdimki, xizmat oʻrinlarini belgilab, saltanat korxonalaridan yumush berilsin... Dehqonlar va ra’iyatdan qaysi birining dehqonchilik qilishga qurbi yetmay qolgan boʻlsa, unga ekin-tekin uchun zarur urugʻ va asbob tayyorlab berilsin. Agar fuqarodan birining imorati buzulib, tuzatishga qurbi yetmasa, kerakli uskunalar bilan yordam koʻrsatilsin»[12].

Bu satrlarda biz Amir Temurning chingiziylar istilosidan qutulgan el-yurt hayotida chinakam burilish yasaganini, hunarmandga ham, ma’rifat ahliga ham, dehqonga ham, oddiy fuqaroga ham iloji boricha yaxshilik qilishni tuzuklar orqali qonun darajasiga koʻtarganini koʻramiz.

«Temur tuzuklari»ni muallif umrining oxirgi davrida avlodlarga meros tarzida yaratib ketgan. Bu madaniy merosning dunyoga kelganiga 600 yil boʻlyapti. Shu olti asr davomida Oʻzbekiston tuprogʻida paydo boʻlgan eng ulugʻ tarixiy, adabiy va lisoniy yodgorliklarning oldingi qatoridan «Temur tuzuklari» oʻrin olishga munosibdir.

Shu vaqtgacha Amir Temur haqida butun jahonda yuzlab adabiy asarlar yaratilgan boʻlsa, ular orasida Amir Temur obrazini eng haqqoniy va yorqin aks ettirgan kitob «Temur tuzuklari»dir. Biz bu asarning tili va tasvir vositalari orqali Amir Temurning yashash va soʻzlash tarzi, uning ichki dunyosi va fe’lu atvori toʻgʻrisida tasavvur hosil qilamiz. Bunday tasavvurni faqat realistik adabiy asargina berishi mumkin.

«Temur tuzuklari» oʻzbek adabiyotida bundan olti asr burun realizmni boshlab bergan avtobiografik asar sifatida yuksak darajada qadrlanishi kerak. Amir Temur Nizomiddin Shomiy kabi adiblar oldiga ham realistik talablar qoʻygani, lof va mubolagʻaga berilmasdan, chin haqiqatni barchaga yetib boradigan tushunarli tilda yozishga da’vat etgani bugungi adabiy avlodlar uchun ham yuksak bir ijodiy saboq boʻlib xizmat qiladi.


  1. Asarda "Oʻzbeklarning" deyilgan, lekin chingiziylar nazarda tutilgan.
  2. "Temur tuzuklari", 1991 y., 20-21-betlar.
  3. Oʻsha kitob. 22-bet.
  4. Oʻsha kitob. 24-bet.
  5. Oʻsha kitob, 24-25 betlar
  6. Ibn Arabshoh, Amir Temur tarixi, 1992 y., II jild, 65-bet.
  7. Qaralsin: «Temur tuzuklari», 1991 y. 251-bet.
  8. Oʻsha kitob, 54-bet.
  9. Oʻsha kitob, 73-bet.
  10. Favj – hozirgi batalon tushunchasiga toʻgʻri keladi.
  11. Oʻsha asar. 101-102-betlar.
  12. «Temur tuzuklari», 1991 yil, 67-bet.