OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Pirimqul Qodirov. Erk (qissa)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifPirimqul Qodirov
Asar nomiErk (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Pirimqul Qodirov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm227KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/29
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Erk (qissa)
Pirimqul Qodirov

1

Shahar chetidagi salqin chorbogʻdan birin-ketin beshta yengil mashina chiqdi-yu katta koʻcha tomon burildi. Roziya ham shu chorbogʻdan chiqib, avtobus bekatiga qarab bormoqda edi. Mashinalar karvoni uni quvib oʻtganda, oldinda ketayotgan qora «Volga» birdan sekinladi. Orqadagilari ham tormozlarini gʻiyqillati6, uning ketidan toʻxtadi.

Bu mashinalarda moskvalik mehmonlar va ularni olib yurgan mezbonlar kelayotganini Roziya bilar edi. Shahar mehmonxonalari issiq boʻlganligi uchun moskvalik mutaxassislarga bogʻdan joy qilingan. Roziya hozir ularga kerakli ma’lumotlarni berib qaytmoqda edi. Endi ular hammasi nega toʻsatdan toʻxtab qolganiga qiziqib mashinalarga koʻz yugurtirdi.

Oldingi qora «Volga»dan tushgan novcha, oʻrta yashar mehmon Roziyaga bir gapi borday oʻgirilib qaradi. Bu orada mezbonlardan ikki-uchtasi mashinalardan tushib, mehmonni oʻrab olishdi.
— Nima boʻldi? Mashinani nega toʻxtatdingiz, Maksimich?
— Ruxsat bersalaringiz, men shu yerda tushib qolsam.
— Bir oʻzingiz-a?
— Ha.
— Nega endi, Maksimich? Yo oradan biron gap oʻtdimi?
— Xammasi joyida, doʻstlar, men hech kimdan, hech narsadan xafa emasman. Faqat oddiy bir yoʻlovchi boʻlib shahar kezmoqchiman, xolos.
— Yoʻgʻ-e! Kun issiq, qiynalib qolasiz!
— Hechqisi yoʻq, men chiniqqan odamman!
— Axir, biz ham shaharni aylanmoqchi boʻlib ketayotibmiz-ku, Maksimich! Metropoliten uchun moʻljallayotgan trassamizni yana bir koʻrmoqchi edingiz-ku!
— Masala umuman hal boʻlsin, keyin yana, albatta, koʻramiz. Hozir men shaharni yaxshilab bir tomosha qilmoqchiman.
— Boʻlmasa, mashinalardan birini beraylik, odam qoʻshaylik! Adashib ketishingiz mumkin.
— Rahmat, doʻstlar, buning hojati yoʻq. Adresni, telefonni yozib olganman. Oʻzim topib boraman.

Mashinada oʻtirgan boshqa mehmonlar ham gapga aralashishdi:
— Maksimichning shunaqa odati bor. Mayli, majbur qilmaylik.

Nihoyat, mashinalar karvoni joʻnab ketdi. Yengil kulrang pidjagini yechib, bilagiga tashlab olgan Maksimich sersoya yoʻlkadan sekin oʻtib ketayotgan Roziyaga qarab yurdi.
— Oʻrtoq gidrogeolog, bir minutga mumkinmi? Roziya toʻxtab, orqasiga oʻgarildi. Shunday moʻ’tabar mehmon, shunday salobatli odam nahotki Roziya tufayli beshta mashinani toʻxtatib, tushib qolgan boʻlsa! Roziya bu taxminga ishongisi kelmay:
— Menmi? — dedi va bir qoʻlining uchini koʻksiga qoʻyib, beixtiyor oʻzini koʻrsatdi. Uning koʻzlari hayratdan katta-katta ochilgan, lablari begona erkakdan choʻchiganday qimtilgan edi.
— Ha, otingizni bilmaganim uchun kasbingizni aytib chaqirdim, kechirasiz.
— Marhamat. — Roziya mexmonga sergaklanib qarab turardi.
— Men mehmonlik hukuqimdan foydalanib qolmoqchiman. Sharqda «mehmon otangdek aziz» der ekanlar, toʻgʻrimi?

Roziya mehmonning sochi oqarib qolgan chakkalariga koʻz tashladi-yu: «Haqiqatan, otam tengi odam ekan, nega choʻchiyman?» deya ichida oʻzidan kuldi.
— Umuman, toʻgʻri, — dedi.
— Boʻlmasa tanishib qoʻyaylik.

Roziya qizil sumka tutgan qoʻllarini orqasiga qilib turgan edi, qoʻl bermasdan shundoq oʻz nomini aytdi.
— Roziya! — mehmon uning nomini yoqtirib ruscha urgʻu bilan bir-ikki takrorlab qoʻydi. — Chiroyli, qisqa nom. Mening nomim oʻzimga oʻxshagan uzun: Illarion Maksimilianovich. Esingizda qoldimi? Qani, ayting-chi?

Roziya yarmigacha toʻgʻri aytdi. U ruschani yaxshi bilsa ham, naryogʻiga tili kelishmay adashdi. Bundan ikkovlari ham kulib yuborishdi. Shundan keyin Roziya ortiqcha tortinmay erkin gaplasha boshladi.
— Boya chorbogʻda sizni «Maksimich» deb chaqirganlarini eshitgan edim.
— Umuman, bu qisqartirish uncha toʻgʻri emas. «Maksim» bilan «Maksimilian» ikki turli nomlar. Lekin, agar istasangiz, siz ham meni Maksimich deyaverishingiz mumkin. Men oʻrganib ketganman.

Roziya «Maksimich» desa oʻzini unga haddan tashqari yaqin oladiganday boʻlar edi. Shuning uchun:
— Koʻray-chi, balki toʻliq aytishga ham kuchim yetar, — dedi.

Bu gaplar davomida ikkovi avtobus bekatiga yetib bordi. Uzoqda avtbus koʻrindi.
— Siz nechanchiga? — dedi Roziya.
— Bilmayman. Shaharlaringizga birinchi kelishim, aylanib koʻrmoqchiman. Agar ruxsat bersangiz, siz borgan joygacha birga ketsam. Naryogʻiga balki, yoʻlni tushuntirib qoʻyarsiz?
— Mayli, — deb Roziya darhol rozilik berdi-yu, ammo uning yuzida qandaydir taraddud ifodasi paydo boʻldi.

Bekatda turgan odamlar ularga qarab-qarab qoʻymoqda edilar. Maksimichning oq yuzi qirmizi tusga kirgan, zangori koʻzlari ichgan odamning koʻzlariday yonib turar, ammo qoʻlida olib yurgan pidjagi uning salqin shimoldan kelganini, issiqqa oʻrganmaganligidan qizarib ketganini koʻrsatar edi. Qorachadan kelgan qiygʻoch qoshli Roziya yigirma besh yoshlarga borgan boʻlsa ham, hali onasi oʻpmagan qizday latofatli edi.

Uning baland qilib turmaklangan, qop-qora, mayin sochiga guldor durra bogʻlab qoʻyilgan, yengsiz kimono koʻylagi xipcha qomatiga juda yarashgan, tarang oyoqlaridagi hindcha zarrin sandalining uchidan koʻrinayotgan tirnoqlari ham yaxshilab pedikyur qilingan. Shunday yoshgina janub qizi ellik yoshlarga borib qolgan shimollik odam bilan shahar boʻylab sayr qilib yurishi odamlarning e’tiborini tortishi tabiiy edi.

Roziyaning yuzida koʻringan taraddudning sababi shu ekanini Maksimich ham tushundi. U bekatda turgan qora qosh bir yigitning Roziyaga xoʻmrayib tikilganini koʻrib qoldi. Bu xoʻmrayishda rashkka oʻxshash tuygʻu bor edi. «Iye, hali yigitlarning rashkini keltiradigan darajada navqiron ekanmiz!» deb Maksimich oʻzicha jilmayib qoʻydi. Xoʻmraygan yigitcha Roziyani puldor domlalar bilan yuradigan student qiz, deb oʻylab gʻashi kelmokda edi. Roziya buni sezib, battar uning jigʻiga tekkisi keldi. Maksimichni yengidan olib, avtobusga tomon tortdida:
— Qani, boʻlmasa, yuring, birga ketdik! — dedi.

Avtobusda eshikka yaqinroq oʻtirgan oʻsmirlardan biri avval Roziyaga, soʻng Maksimichga qarab olib magʻrur yuz bilan oʻrnidan turdi va oldiga oʻtib ketdi. Bu uning joy boʻshatgani edi. Roziya Maksimichni oʻtirishga taklif qildi.
— Yoʻq, yoʻq, siz meni jentlьmenlik yoshidan oʻtgan deb oʻylamang. Qani, oʻzingiz oʻtiring, Roziya, oʻtiring!

Oʻrindiq juda zskirib, yumshoq boʻlib qolgan ekan, Roziya ancha choʻkib oʻtirdi. Modaga moslab kaltaroq qilingan etaklari orkaga ketib, tizzasi ochilib qoldi. Shunda u sekin sumkasini tizzalari ustiga yotqizib qoʻydi.

Maksimich, bir qoʻlida pidjak, ikkinchi qoʻli bilan avtobusning tutqichidan olib, baland gavdasini Roziyaning ustiga egib, ochiq derazadan shaharga qarar va qayerda nima borligini soʻrar edi. Roziya bir qismi bitgan, bir qismi hali qurilayotgan yangi uylar, yangi koʻchalar va maydonlar haqida gapirar ekan, «shahrimiz chindan ham juda tez yangilanyapti!» deb qoʻydi ichida. Bundan ikki yil burun zilzila xuruj qilgan paytda devorlari yorilib, xom gʻishtlari koʻrinib yotgan nochor uylar endi yoʻq. Ogʻir kunlarda kamqatnovroq koʻchalarga behisob chodirlar qurilgan edi. Hozir katta koʻcha qayta qurilayotgani uchun avtobus oʻsha kamqatnov koʻchalardan biriga burildi. Roziya asfalьtga qoqilgan va boshigacha yerga botib, qolib ketgan temir qoziqlarni koʻrdi. Mashina gʻildiraklari tegaverib silliqlab ketgan 6u qoziqlarni Roziya Maksimichga koʻrsatdi:
— Zilzila paytida bu qoziqlarning atrofi chodirlarga toʻlib ketgan edi. Hu anavi toʻrt qavatli uylar bor-ku. Yangi qurilgan. Oʻsha yerlarda ham chodir koʻp edi.

Maksimichga Roziyaning gapidan ham koʻra oʻzi maroqli tuyulardi. Uning lablarida tabiiy bir qizillik va lola bargini eslatuvchi nafislik bor. Yuzi goh sokin bir zavqdan, goh sirli bir ehtirosdan nurlanib ketadi. Maksimich uni gapga solib qoʻyib, husniga yaxshilab qarab olgisi keldi.
— Bundan ikki yilgina oldin mana shu yerlarda dahshatli zilzila boʻlib oʻtganini hozir tasavvur qilish qiyin. Oʻshanda siz ham chodirda yashaganmidingiz?
— Yoʻq, bizga chodir yetmagan. Oʻshanda biz...

Roziya hovlida choyshab tutib yashaganlarini aytib bermoqchi edi. Avtobusga xaloyiq yopirilib kirdi-yu, Maksimichni oldinga surib ketdi. Avtobus shahar markaziga kirib kelgan sari yoʻlovchi koʻpayar, odamlar ichkariga sigʻmay eshiklarda osilib borar, haydovchi eshikni yopolmay ustma-ust signal berar edi. Birovning yelkasi, birovning oyoq-qoʻllari, birovning boshi, yana birovning poxol shlyapasi Roziya bilan Maksimichning orasiga tushib, suhbatini davom etkazgani qoʻymadi. Ular shu ahvolda hiyobonga kelib, avtobusdan tushishdi.

2

Maksimichning qoʻlidagi pidjagi gʻijimlangan, oʻzi terlab, boʻgʻriqib ketgan edi.
— Yengil mashinada yayrab kelayotgan edingiz, avtobusga tushganingizdan afsus qilayotgandirsiz, Illarion Maksimilianovich?

Roziya xamrohining koʻnglini koʻtargisi kelib, uning nomini ataylab toʻliq aytdi. Maksimich buni sezib, minnatdorona kulimsiradi.
— Agar yolgʻiz boʻlsam, afsus qilishim mumkin edi, Roziya.
— Mashinadagi xamrohlaringiz yaxshi odamlar edi.
— Toʻgʻri, ular juda xam mehmondoʻst kishilar ekan. Bir daqiqa e’tiborsiz qoldirishmaydi. Nima istasangiz, muhayyo qilishadi. Mening bugungi istagim mezbonlarning ixtiyoridan chiqib, oʻz erkimcha shahar kezish edi. Hozir shu istagim ham amalga oshyapti.

Hiyobon atroflarida hali qurilish bormoqda edi. Samosvallar goh shagʻal, goh tuproq, goh qum ortib oʻtar, issiqda erigan asfalt hidiga chang-toʻzon aralashib, nafas olishni ogʻirlashtirardi.
— Erkingiz oʻzingizda boʻlgani, albatta, yaxshi, — dedi Roziya. — Ammo hozir avtobusdagiday azob tortmasmikansiz?
— Sizday hamrohim boʻlsa, menga hech qanday azob pisand emas!

Roziya bu gapni hazilga burib lablari bilan kuldi-yu, ammo koʻzlarida jiddiy bir tashvish ifodasi koʻrindi. Aftidan, mehmon u bilan hali yana birga sayr qilishni istaydi. Ammo hozir Roziya uyga ketmoqchi. Bugun kechqurun uni koʻpdan hayajonlantirib yurgan uchrashuv boʻlishi kerak. Ungacha Roziya birpas dam olmoqchi, soʻng yuvinib, kiyimlarini almashtirib chiqmoqchi. U Sattorni bundan bir hafta oldin koʻrgan, ammo bir oy koʻrmaganday sogʻingan. Bugun kechqurun, yana bir necha soatdan keyin uni koʻrishini oʻylasa, koʻnglida bor chigallarini uning qoʻli bilan yechib, bir umrga baxtiyor boʻlishi mumkinligini goʻyo oldindan his qiladi-yu, yuzi sirli va olovli tuygʻulardan yashnab ketadi.

Shunday paytda Roziya Maksimichga behad chiroyli koʻrinadi.

«Suluv suluv emas, suygan suluv» deganlariday, muhabbat Roziyaning qalbidagi hamma goʻzal tuygʻularini uygʻotib yuborgan edi. Uygʻongan tuygʻular uning husnini alohida bir qizlik joziba chulgʻab, shunday sehrli kilib koʻrsatar ediki, uni koʻrgan har qanday erkak kishi beixtiyor yana koʻrgisi kelar edi. Maksimich hali buning sababini bilmasa ham Roziyaning latif yuzida, ehtirosli nigohida, har bir harakatida kishini oʻziga tortuvchi alohida bir sehr borligini boya chorbogʻda birinchi marta his qilgan va bexosdan unga kiziqib kolgan edi. Roziya unga odam zotining orasida kam uchraydigan bir tabiat moʻ’jizasiga oʻxshab koʻrinar, Maksimich uni yaqinrokdan bilgisi kelar edi.
— Toshkent men kutgandan ham issiq ekan. Yuring, Roziya, bittadan suv ichaylik yoki siz morojenoye yeysizmi?

Roziya suv doʻkoni yaqinroq ekanini koʻrib:
— Yoʻq, mayli, suv, — dedi.

Maksimich ikki shisha suv olib kelguncha, Roziya yumaloq marmar stolchaning yoniga borib turdi. «Qiziq boʻldi-ku! — derdi u oʻzicha. — Nahotki, bu odam ishqibozlik qilmoqchi?»

Roziya chorbogʻdagi kengashda Maksimichga hamma alohida ehtirom bilan muomala kilganini eslab, bu taxminiga ishongisi kelmadi. Moskvalik mutaxassislar Toshkentda metropoliten qurilishiga oid murakkab muammolarni oʻrganishga kelishgan edi. Hali metro qurish haqida hukumat qarori chiqqan emas, hozir shunga tayyorgarlik borar edi. Moskvalik katta mutaxassislar — Maksimich ularning orasida eng nufuzlilaridan ekanini Roziya allaqachon payqagan edi — bular masalaning hal boʻlish-boʻlmasligiga katta ta’sir koʻrsatishlari mumkin edi. Davlat ahamiyatiga ega boʻlgan bu katta ish qayerda-yu, oʻzidan ikki barobar yosh qizga ishqibozlik qilish qayoqda? Bu ikki narsa Roziyaning hayolida bir-biriga mutlaqo toʻgʻri kelmas edi.

Maksimich stakanlarga suv quyayotib:
— Nimalarni oʻylayapsiz, Roziya, bilsak mumkinmi? — dedi. Bu savol koʻpdan beri tanish yoki qadrdon bir qizga qaratilganday nafis va shoʻx ohangda berilgani ham gʻalati edi.
— Mumkin, — Roziya sal qoshini chimirib, gapni ataylab ish mavzuiga burdi. — Metroni oʻylayapman.

Uning gap ohangida «metroni oʻylab siz bilan boshlashib yuribman-da!» degan bir ma’no bor edi. Maksimich buni tushunib, oʻzini Roziyaga bunchalik yaqin olishi oʻrinsizroq ekanini sezdi va ovoziga rasmiy ohang berib soʻradi:
— Chorbogʻda bergan axborotingizga qaraganda, siz ham Toshkent metrosi uchun jon kuydirib yurganga oʻxshaysiz?
— Bu rost. Lekin bundan qatьi nazar bizning axborotimiz...
— ...Yaxshi tuzilgan, Roziya, axborotingiz menga yoqdi. Toshkent tuprogʻi nam tegsa oʻtiradigan tuproq ekan. Siz chizib koʻrsatgan yer osti suvlari... Ana shu suvlarning namiga toʻyib shibbalangan qatlam bizni juda kiziqtiradi. Qachondir bir vaqt Toshkentda metro qurilsa, poʻlat izlar oʻsha qatlamning eng yuqori chizigʻi boʻylab oʻtishi kerak.
— Qachondir bir vaqt? Sizningcha, yaqin yillarda metro qurilishi boshlanmaydimi?
— Bilmadim. Qaror qabul qilinishidan oldin hamma jihati yana bir yaxshilab tekshirilsa kerak.

Bu gaplar davomida ular kurantning tagiga borib qolishdi. Maksimich uch tomondan kelgan katta koʻchaga tikilib qaradi. Kovlangan yoki buzilgan joylar koʻp edi, behisob mashinalar oʻnkir-choʻnqirlar oldida sekinlab va silkinib oʻtishardi.

Roziya uyga borish niyatini keyinga surib, Maksimichning metro hakidagi fikrini bilishga qiziqib qoldi.
— Men Toshkentni hali bilmayman, Roziya, — dedi Maksimich. — Lekin Moskvadan kelgan odamning koʻziga bir narsa juda tez tashlanadi. Har jihatdan sozlangan mukammal koʻcha kam. Qarang, transport tez yurolmaydi, demak, yoʻlovchilarni tez tashiyolmaydi.
— Bu ham zilzilaning kasofati. Hamma joyda kurilish ketyapti. Qurilish bitmaguncha koʻchalarni uzil-kesil sozlab boʻlmas ekan. Bultur ahvol bundan besh badtar edi. Bu yil sal durust. Men ishonamanki, endigi yil koʻchalarimiz hozirgidan yaxshiroq boʻladi. Bir-ikki yil oʻtkazib kelsangiz, Toshkentni tanimay qolasiz.
— Men ham bilaman, Toshkent juda tez qayta qurilyapti. Lekin, yer ostida metro qurishdan oddin yer ustidagi koʻchalarni qurib, bitirib, har jihatdan sozlab olish kerak emasmi? Qani, siz ayting-chi, shahar transportidagi kiyinchilikni shu yoʻl bilan yoʻqotib boʻlmay-dimi?
— Bu savolingizga Toshkentni mendan yaxshiroq biladigan boshliqlarimiz javob berishgandir?
— Albatta! Lekin men sizning fikringizni bilmoqchiman.
— Men nima, oddiy bir odam boʻlsam.
— Bizda har bir oddiy odam davlat miqyosida fikrlashi kerak-ku, Roziya?
— Menga qolsa, koʻchalarni ham tezroq sozlar edim, metroni ham toʻxtovsiz quraverar edim.
— Yoʻq, Roziya, siz avval muammoni tushuning. Gap shundaki, koʻchalar chinakam sozlanib, transportning tezligi oshirilsa, ehtimol, metroning ham hojati boʻlmas?
— Men bunga ishonmayman, Illarion Maksimilianovich.
— Nega endi? — Maksimich Roziyaning yuziga tikilib qaradi. Unga yana Roziyaning gapidan koʻra oʻzi maroqliroq tuyula boshladi.

Roziya kimdandir eshitgan dalilini yaxshiroq eslash uchun bir lahza toʻxtab oldi, soʻng Alpomish, Goʻroʻgʻli toʻgʻrisida gapirib ketdi:
— Bular shunday ulkan pahlavonlar boʻlganki, ularni joʻn otlar koʻtarib yurolmagan. Ularga faqat Boychibor, Gʻirot degan zoʻr tulporlarning kuchi yetgan.
— Tushundim. Demak, Toshkent hozir oʻshalarga oʻxshagan pahlavonga aylangan, uni endi faqat metro degan tulpor koʻtarib yura oladi.

Roziya alohida bir jiddiyat bilan boshlangan gapni Maksimich birdan hazilga burgani ikki orada bahs chiqishiga sabab boʻldi.
— Kiyevda metro qurilganiga nima deysiz? — soʻradi Roziya. — Tbilisida ham qurilgan. Bokuda ham!
— Chunki bu shaharlarning taraqqiyoti shunga olib kelgan.

Maksimich zamonaviy shahar qurilishi Kiyev va Tbilisilarda ancha oldin boshlanganini, juda sifatli olib borilganini gapirar ekan, ular katta koʻchani kesib oʻtib, narigi yoʻlkaga chiqdilar. Shu payt uzun koʻk trolleybus muyulishdan sekin burila boshladi. Birdan uning tepasidagi besoʻnaqay poʻlat yoylari simidan chiqib ketdi, bir-biriga urilib, koʻkish oʻt chaqnatdi-da, sapchib borib, terak shoxiga tegdi va yashil butqlardan bir qanchasini sindirib tushirdi.
— Koʻrdingizmi? — dedi Maksimich Roziyaga. — Bu koʻchaning muyulishi bunday zamonaviy trolleybusga torlik qilyapti.

Boshka vaqt boʻlsa Roziyaning oʻzi ham huda-behuda kovlab tashlangan koʻchalardan, transport qiyinchiliklari-yu, buning sababchilaridan figʻoni chiqib gapirgan boʻlar edi. Ammo hozir Maksimich boshlagan bahs ta’sirida buning aksini qildi:
— Eni yuz metrlik koʻchalarimiz ham koʻpayyapti, Illarion Maksimilianovich. Hozir iloji boʻlsa sizni Doʻstlik, Yangi Oʻzbekiston koʻchalariga olib borar edim. Lekin hozir u koʻchalar bitgan emas, tramvay borolmaydi. Nima qilaylik? Zilzila shunday bir ofat ekanki, oqibatlari bir-ikki kunda tugamas ekan!

Maksimich Roziyaga tikilib turib kuldi:
— Siz shahar rahbarlari bilan til biriktirib olganga oʻxshaysiz.
— Ammo siz, — dedi Roziya ham kulimsirab, — bizdagi ba’zi bir «metro kerak emas» deb yurganlarning ta’siriga tushib qolganga oʻxshaysiz. Men eshitganman, toshkentliklar orasida ham shunday odamlar bor.
— Koʻrmayapsizmi, men hech kimning ta’siriga tushmayin deb oddiy bir yoʻlovchi boʻlib yuribman-ku.

Maksimichning shahar kezishdan maqsadi nima ekanligini Roziya endi tushunganday boʻldi. Aftidan, boya mashinada yurgan mezbonlar Maksimichning koʻnglini olishga haddan ortiq koʻp harakat qilganlar, bu uni sergaklantirib koʻygan. U oʻz oldida turgan mas’ul topshiriqni vijdonan bajarish uchun Toshkentni «ichdan» mustaqil koʻrgisi, uning transport muammosini astoydil his qilgisi kelgan. Roziya shuni oʻylab, atrofiga koʻz tashlab qoʻydi.

Koʻchalarda, bekatlarda daqiqa sayin odam koʻpaymoqda edi.
— Ishdan keyingi dolzarb soatlar boshlanyapti, — dedi Roziya tiqilinchdan yuragi zirillab.
— Dolzarb soatlarda har qanday katta shaharda ham tiqilinch boʻladi.
— Siz bizdagi tiqilinchni hali bilmaysiz.
— Bilish uchun nima qilish kerak?

Maksimich bu savolni «Qani, boshlang, koʻraylik!» degan ma’noda berdi. Roziya chapga oʻgirilib, kurant minorasidagi soatga qarab oldi. Sattorni koʻradigan vaqt ancha yaqin kelib qolgan edi. Buni his qilib, yuragi yoqimli bir orziqdi, «qaytaga, bu odam bilan bahslashib, vaqt tez oʻtganini sezmabman» dedi ichida.
— Mayli, Illarion Maksimilianovich, — dedi u. — Men mehmondoʻstlik burchimni oxiriga yetkazay. Agar siz tiqilinchrok marshrutni koʻrmoqchi boʻlsangiz, yuring, Chilonzorga ketdik!
— Juda soz!

Maksimichning zangori koʻzlaridagi tantanali shodlik unish Roziya bilan birga yurishni astoydil istaganidan dalolat berardi. Roziya buni koʻrdi-yu, ichida «tavba!» deb hayratlanib qoʻydi.

3

Muyulishda toʻxtab qolgan trolleybusning oldingi eshigi ochiq turar, shim kiygan haydovchi kiz ogʻir yoylarni arqonidan olib, tepadagi simga ulashga tirishar zdi. Trolleybuslarning ichi issiq va dim boʻlgani uchun eshik oldida siqilib turgan yoʻlovchilardan uch-toʻrttasi koʻcha sahniga tushdi. Roziya Maksimichga karab «paytdan foydalanib qolish kerak!» deganday imo qildi va trolleybusning ochiq turgan old eshigidan «lip» etib kirib ketdi. Maksimich hu naridagi bekatda yuzga yaqin odam toʻplanib turganini koʻrdi-yu, Roziyaning oson yoʻl topganini tushunib, darhol uning ketidan koʻtarildi.

Koʻcha sahniga tushib oʻzlarini yelpib turgan haligi yoʻlovchilar boʻsh joy qoʻldan ketib qolishi mumkinligini sezishib, shosha-pisha trolleybusga qaytib kirishdi. Uzoqdagi bekatdan besh-oʻnta yosh-yalanglar bu tomonga chopib kelmoqda edi.

Haydovchi qiz ishini bitirguncha ular ham ichkariga kirib, eshik oldi odamga toʻlib ketdi. Haydovchi qiz kabinasiga zoʻrgʻa oʻtdi.

Roziya ichkariroqqa surilaman deb novcha odamlarning orasiga tushib qoldi. Tigʻiz boshlar orasida uning guldor durrali baland pricheskasi sal-pal koʻrinardi. Maksimich uzun qoʻllarini tepaga choʻzib, trolleybusning shiftiga panjasini tiradi. Trolleybus kuchanib, titrab qoʻzgʻaldi. Roziya boshlar va yelkalar orasidan Maksimichga qarab dedi:
— Har qalay, ishimiz oʻngidan keldi!
— Boshlanishi durust, — dedi Maksimich ham. U oldingi bekatlarda tirband turgan xaloyiqni oʻylardi. hozir ular ham bostirib kiradi-yu, nafas olish yana ham ogʻirlashadi.

Ammo trolleybus narigi bekatda xiyol sekinlab, toʻxtamay oʻtib ketdi — haydovchi qiz grafikka tushib olish uchun shoshilmoqda edi. Maksimich trolleybusning toʻxtamay oʻtganidan beixtiyor shodlanib, Roziyaga «Hayriyat!» deganday qilib qaradi. Roziya esa bekatda intizor turgan, trolleybus toʻxtamay oʻtganidan achchigʻi kelayottani, uni nariroqda toʻxtaydi deb oʻylab, ketidan zrgashib chopayotgan odamlarga koʻz yugurtirdi.

Trolleybus narigi bekatda bir lahzagina toʻxtadi-yu, yana shitob bilan koʻzgʻaldi. Uning sur’ati yoʻl azobidan tezroq qutulishga intilayotgan yoʻlovchilarga juda yoqib tushmoqda edi.

Temir yoʻl boshqarmasidan beridagi chorrahadan oʻta boshlashdi. Uch tomondan kelib, bir-biri bilan chatishib ketgan tramvay izlarining «milki» ochilib oʻnqir-choʻnqirlar koʻpayib ketgan edi. Trolleybus gʻildiraklari goh izlarga urilib, goh chuqurliklardan sapchib oʻtar ekan, Maksimich «hozir yana yoyi chiqib ketadi!» deb oʻyladi.

Lekin yoyi chiqmadi-yu, undan badtari boʻldi. Qattiq silkinayotgan zoʻr trolleybusning zarbi bilan tepadagi simning tramvay simiga ulangan joyi uzilib ketdi. Yoʻgʻon jez simning uzilgan uchi orqadan kelayotgan yuk mashinasining yogʻoch bortiga shartillab urildi-da, gajak boʻlib asfalьtta tushdi. Ichidan kuchli tok keladigan bu sim odamlarga ilonday xatarli koʻtarinar edi — mashinalar va yoʻlovchilar uni iloji boricha uzoqdan aylanib oʻta boshladilar.

Uzun trolleybus chorrahaning qoq oʻrtasida tramvay izlariga koʻndalang boʻlganicha qoldi. Endi avariya mashinasi kelib simni ulamaguncha bu yerdan na trolleybus oʻtadi, na tramvay.

Pastga tushganlarida Maksimich Roziyaga hazilomuz koʻz tashlab:
— Xoʻsh, gap miqdorda ekanmi, sifatda? — dedi. U chorrahaning «sifati»ni, tepadagi simning puxta ulanmaganini, haydovchi qiz ham shoshilganini nazarda tutmoqda edi. Roziya buni tushunib turgan boʻlsa ham, ataylab yengilroq gapga oʻtdi:
— Koʻz tegdi. Aksiga oldi. Endi bir oz piyoda yuramiz.

Serchang, sershovqin koʻchalarda odamlar daryoday oqib borar edi. Ular shu daryoga shoʻngʻib ketishdi-yu, bir vaqt Markaziy univermagning naryogʻidagi bekatdan chiqishdi. Bu yerda xaloyiq boyagidan bir necha barobar qalin.

Koʻpchilik Chilonzorga intiladi. Avtobuslar liq toʻla, ayniqsa eshiklarning oldida odam shu qadar koʻpki, oʻng tomoni yerga tekkuday mayishib, changli gʻildiraklari tutab keladi. Avtobuslarning koʻpchiligi yo toʻxtamay oʻtadi, yoki bekatdan uzoqda tushuvchilar uchun bir zum toʻxtab, yana joʻnab qoladi.

Bu axvolga oʻrganib qolgan Roziya yana chaqqonlik kildi... Nariroqda toʻxtagan bir avtobusga sakrab chiqib oldi. Ammo Maksimich yetib borolmadi. Uning qolib kettanini koʻrib, Roziya qaytib tushdi.

Kechki harorat benzin va asfalьt hidiga qoʻshilib, Maksimichni endi juda bezovta qila boshladi. Boya ular trolleybusda kelayotganlarida odamlar trolleybusga qanday ergashib chopgan boʻlsalar, Roziya bilan Maksimich ham har bitta avtobusga ergashishar, toʻxtamay ketgan avtobuslardan cheksiz norozi boʻlib qaytishar edi. Tiqilinchda boʻlsa ham, har qalay, avtobusda ketayotganlar, Maksimichning havasini, hatto hasadini keltirayotgani zndi uning oʻziga gʻalati tuyuldi. «Avtobus bizni olmay, toʻxtamay oʻtib ketayotgani, ehtimol, ichkaridagilarning koʻpini xursand qilayotgandir? — oʻyladi u. — Toʻgʻri-da, biz chiqsak, ularga joy oz qoladi, noqulaylik koʻpayadi. Boya men oʻzim ham trolleybusda ketayotib xuddi shuni his qilmaganmidim? Toʻxtamay oʻtganimizdan suyunmaganmidim? Buncha odam yerning tagidan qaynab chiqayotiptimi deyman?».
— Kiziq! — dedi u Roziyaga qarab- — Yoʻlovchi koʻpaygan sari odam odamga xalaqit beradigan bir toʻsiqqa oʻxshab koʻrinadi-ya!
— Kim biladi! — deb Roziya aniq javob bermadi. Har holda uning betoqat boʻlayotgani bilinmas edi. «Oʻrganib qolgan, bundan tashqari hali yosh-da, — oʻylandi Maksimich. — Yoshlikda odam uncha-muncha noqulaylikni pisand qilmaydi».
— Roziya, siz boya shahringizda aholi koʻpligini ta’kidlab, «uch yilda muncha oshdi» degan edingizmi? Biroq odamlarning katta shaharlarga bu qadar koʻp toʻplanishib yashashi yaxshimikan? Xususan, Toshkentga oʻxshagan issiq iqlimli shaharda...

Roziya qandaydir jiddiy va ma’yus bir ohang bilan:
— Bu hammasi bizga bogʻliq emas-da, nima qilaylik, — dedi.
— Yoʻq, ayting-chi, nahotki bu masala hech oʻylantirmaydi?
— Meni oʻylantirganda ham... — deb Roziya bir zum toʻxtab oldi-da, gapni avvalgi mavzuga burdi: — Siz... umuman miqdorga unchalik ahamiyat bermagan edingiz-ku? Siz uchun sifat muhimroq emasmidi?

Maksimichning boyagi dalilini Roziya uning oʻziga qarshi nozik yoʻl bilan ishlatgani allanechuk zavqli tuyuldi. Maksimich kuldi-da, yoʻlga qaradi:
— E, qarang, ana u avtobus boʻshroqqa oʻxshaydi!
— Chopdik! Endi siz oddin chiqing, jentlьmenlikni qoʻying, boʻlmasa yana qolib ketasiz! Chiqing!

Nihoyat, avtobusga ham minishdi. Gavdalar bir-biriga iloji boricha tiralib, endi hech kancha boʻsh joy qolmadi, deb turganlarida ikki-uchta baquvvat yigitlar chiqishdi, eshikning tutqichidan olib: «Qani surilinglar, oʻrta boʻsh, oʻtinglar!» deb, odamlarni itara-itara, hammani bir-biriga rosa qalishtirib tashlashdi. Roziya yupqagina shohi koʻylagi orqali atrofidagi odamlarshshg terlagan, kizishgan tanalarini his qilar, faqat koʻksini himoya qilishga tirishib ikki koʻlini sumkasi bilan birga koʻkragiga qoʻyib turar edi. Narigi bekatga yaqinlashganlarida bilet sotiladigan temir quti oldidagi ikkita odam eshikka qarab intildi, Maksimichning pidjagi ularning orasiga tushib qisilib qoldi va haligilar bilan birga keta boshladi.
— Oʻrtoqlar, pijdakni tashlab ketinglar! — kulib dedi Maksimich.
— Yoz kunida pidjak! — oʻshqirdi ogʻzidan aroq hidi kelayotgan sariq bir kishi. — Bu qanaqa oliftalik!

Maksimich pidjagini torta-torta bir amallab olib qoldi. Bu orada Roziya bilet qutisining oldidagi joyga oʻtib olgan edi. Endi uni orqadan deraza, bir yonidan temir quti himoya qila boshladi. U boʻshashgan qoʻli bi-lan sumkasini ochib tanga oldi.
— Shoshmang, men toʻlayman! — deb Maksimich choʻnta-gini kovlayottan edi, avtobusga bir talay odam chiqdi-yu, uni Roziyaga tomon surib keddi. Roziya bir qoʻlini sumkasini bilan koʻksiga qalqon qildi-da, ikkinchi qoʻli bilan biletga pul tashladi.
— Mehmonsiz, Illarion Maksimilianovich, Moskvaga borganda siz toʻlarsiz.

Maksimich tepadagi tutqichdan malham ushlab, gavdasini Roziyadan uzoqroq tutishga tirishar edi. Shu payt avtobus katta bir chuqurga tushib qattiq silkindi-yu Maksimichning yuzi Roziyaning baland prichyoskasiga tegib ketdi. Mayin qora sochdanmi yoki unga bogʻlangan durradanmi, yoqimli bir atirning hidi keddi. Bu hid Maksimichga birdan olovli yoshlik yillarini eslatdi.

Avtobus to Chilonzorga yetib borguncha necha qayta itar-itar, sur-surlar boʻldi. Necha joyda odamlar asabiylashib, bir-birlari bilan gʻijillashib olishdi — bu endi Maksimichga unchalik ta’sir qilmas edi. U Roziyaning yaqinginada turganini his qilar, bu yaqinlik unga yoshligini qaytarib berayotganday boʻlar edi.

Roziya bir necha marta koʻcha soatlariga qarab-qarab qoʻydi. Vaqt oʻtgan sari u atrofdagi narsalarni unutib, parishonxotir boʻlib borar edi. Goho Maksimich bilan gaplashib turan paytda ham, hayoli boshqa yoqqa ketib qolayotgani sezilar edi.

U shahar haqida gapiradi, savollarga javob beradi, ammo buning hammasini qalbining bir cheti bilan qiladi. Qalbining tubidagi muhabbat tuygʻusi, yaqinlashayoggan visol hissi tobora kuchliroq, tobora goʻzalroq sado beradi. Roziya shu sadoga quloq solayotganday toʻsatdan jim boʻlib qoldi, tiqilinchni, changni, havoning dimligini mutlaqo sezmaydi.

Chilonzorga yetib avtobusdan tushganlarida Maksimich unga:
— Rosa hayolga choʻmib ketdingiz-a? — dedi.
— Ha, — deb Roziya iymanib kulimsiradi-da, hushini yigʻib oldi: — Xoʻsh, Illarion Maksimilianovich, fikringiz qalay?

Maksimich biri birini toʻsgan koʻp qavatli uylarga, kinoteatr peshtoqida toʻpponcha oʻqtalib turgan yigitning kattakon rangdor suratiga, ichi - tashi odamga toʻlgan oynavand magazinga koʻz yugurtirdi. Soʻng negadir qoʻlidagi pidjagiga qaradi. Pidjak kela-kelguncha gʻijimlanib lattaga aylanib qolgan, ter va chang tegaverib bir-ikki soat ichida butunlay eskirib kettanga oʻxshar edi. Maksimich boshini koʻtarib Roziyaga koʻz tashladi va unga yoqadigan gap aytgisi keldi.
— Haqiqatan... ogʻir marshrut ekan.
— Aytmadimmi! Agar metro boʻlsa, shu yoʻlni oʻn barobar tez, oʻn barobar oson bosib oʻtarmidik, yoʻqmi?
— Ehtimol, shundaydir. Ammo siz bir narsani unutmang, Roziya. Toshkentda metro boʻlish-boʻlmasligini menga oʻxshagan bitta-ikkita odam hal qilolmaydi.
— Toʻgʻri-yu lekin men ishning sizga bogʻlik qismini aytmoqchiman-da.

Maksimich Roziya bilan ish toʻgʻrida gapirishga eqdi uncha hushi yoʻqday koʻrindi.
— Menga bogʻliq qismi boʻyicha hozir, albatta, ma’lum bir tasavvur hosil boʻldi, — dedi u loqayd tovush bilan. Roziya esa, aksincha, shoʻx tovush bilan gapirdi:
— Tasavvuringiz toʻliqroq boʻlishi uchun yettinchi tramvayga yoki oʻttiz sakkizinchi avtobusga tushib, Studentlar shaharchasiga ham borish kerak edi-ya!

Maksimich kulib qoʻllarini koʻtardi:
— Men taslim boʻldim, Roziya. Agar vaqtingiz boʻlsa, endi biror joyda dam olaylik.

Roziya tez soatiga qaradi, Sattor tayinlagan vaqt yaqinlashib qolganini koʻrib, yuragi «shigʻ» etib ketdi. Uning yuzi birdan oʻzgarganini koʻrib, Maksimich shoshib soʻradi:
— Biror joyga bormoqchimidingiz? Kech qolyapsizmi?
— Oʻn besh minut bor. Ulguraman.

Roziyaning yuzida yana oʻsha oʻtli joziba barq urib koʻrindi. Maksimich undagi boyagi oʻychanlik va hozirgi oʻzgarishning sababini bilmoqchi boʻlib:
— Nima, visol bormidi? — dedi.

Roziya yuzini choʻgʻday qizdirgan ehtirosning taftini oʻzi ham sezdi-yu, uyalib yerga qaradi:
— Ha.

Maksimich tarvuzi qoʻltigʻidan tushganday bir lahza xomush turib qoldi. Roziya unga mayin bir nigoh tashlab:
— Kechirasiz, endi, — dedi. — Bormasam boʻlmaydi. Roziya bilan birga oʻtkazgan damlar Maksimichga endi butunlay boshqacha koʻrinib ketdi. «Bu qiz nega muncha yoqimtoy desam, hammasi sevgining jozibasi ekan-da. Sevgan yigit uygʻotgan goʻzallik meni oʻziga tortgan boʻlsa, men boshqa odam uchun yoqilgan gulxanda isinmoqchi boʻldimmi?»
— Ah! Siz meni kechiring, Roziya! — dedi Maksimich va Roziyaning tiqilinchda ezgʻilangan kiyimiga qaradi. Qizlar visolga maxsus kiyinib, bezanib borishi koʻnglidan oʻtdi. Roziya mehmonning koʻngliga qarab, buning hammasidan mahrum boʻlgani Maksimichni qattiq hijolatga soldi.
— Oddinroq aytsangiz boʻlmasmidi, Roziya? Men tushunar edim-ku!

Roziya «Kerak boʻlganda aytdim!» — deganday jilmayib turardi.
— Oʻn besh minut qolgan boʻlsa, avtobusda ulgurolmassiz. Uzoqmi? Men hozir taksi topaman!

Chilonzorda kechki paytlarda markazga boʻsh qaytadigan taksilar uchrab turadi. Maksimich shulardan birini toʻxtatib, Roziyani chiqardi. Soʻng oʻzi ham minib:
— Sizni tashlab oʻtib ketaman! — dedi. Shundan keyin Maksimichdagi xijolatlik sal tarqadi. U oʻrindiqning narigi chetida yuzini shabadaga tutib borayotgan Roziyaga koʻz qirini tashladi. «Yoshlik ajoyib-da! — deb qoʻydi Maksimich oʻzicha. — Har qanday holatda odamning ohori toʻkilmaydi. Bu qiz hozir maxsus yasanib chiqishi shart emas, busiz ham visolga munosib nafosati-yu, tarovati bor».
— Kim u baxtiyor yigit, Roziya, bilsak mumkinmi?
— U ham loyihachi muhandis.
— Loyihachi? Bizga hamkasb emasmi?
— Yer osti kommunikatsiyalari boʻyicha ishlaydi. Metroni loyihalashga juda ishqiboz.
— O, shunaqami?
— Metroning dardi menga oʻsha kishidan yuqqan.
— Ana, xolos! Maslakdosh ekansizlar-da! Siz boya men bilan bahslashganingizda u yigit ham yoningizda turgan ekan-da!
— Boʻlmasam-chi! — dedi Roziya shoʻx kulib, boyagi noqulayliklarga ham Roziya oʻsha yigit tufayli chidab yurganini Maksimich endi payqadi. «Ajabo! — oʻylandi u. — Meni ham biror qiz shunday sevganmidi? Sevgan boʻlsa ham yoshliqdagi muhabbat odamni bunchalik goʻzal koʻrsatishini men endi bilyapman. Hayot gʻalati, yoshlikning qadrini yoshi anchaga borgan odamlargina biladi».

Shu payt koʻksi allanechuk tortishib ogʻriyotganini sezdi-yu, hayoli boshqa yoqqa burildi.

«Yurak hunar koʻrsatmasa edi. Issiqda koʻp yurdim-da, oʻrganmaganlikdan! — deb oʻziga tasalli berdi. — Borib dam olsam oʻtib ketar».

Taksi Beshyogʻoch orqali oʻtib, anhor boʻyiga kelganda Roziya uni toʻxtatdi. Koʻprikdan beriroqda yoʻlga qarab turgan yolgʻiz yigit mashinadan tushayotgan Roziyani koʻrdi-yu, quvonib unga qarab kela boshladi. Roziyaning yuzi ajib bir zavqdan nurlanib ketdi. Koʻzlari hayajondan uchqunlandi. Shunday boʻlsa ham, u Maksimichning Sattorga qiziqib tikilayotganini sezib:
— Istasangiz tanishtirib qoʻyaman, — dedi.
— Istayman! — deb Maksimich xam mashinadan tushdi. Taksichiga «ketmay turing!» ishorasini qildi-da, Roziya bilan birga Sattorga qarab yurdi.

Sattor yaqin kelganda Maksimich u bilan Roziyaning orasida qandaydir sirli bir munosiblik borligini, ikkovining yulduzi yulduziga chindan xam toʻgʻri kelishini sezdi. Sattorning qaddi-qomatida, yuz-koʻzida barkamol yigitlarga xos alohida bir joziba bor edi. Uning qoʻl berishidan, bosiq kulimsirashidan, goh Roziyaga, goh mehmonga yuzlanib gapirishi va gapga quloq solishidan yaxshi tarbiya koʻrgan ziyoli yigit ekani ham bilinib turardi. Maksimich unga tan berganini aytgisi keldi.
— Agar men sizni Parijda uchratsam, manaman degan fransuz yigitlaridan farq qilolmas edim!

Sattor gapni hazilga burib kuldi:
— Maqtovingiz uchun rahmat. Biroq Parij bizga juda uzoq. Biz hozir mana shu Toshkentda munosib boʻlish harakatidamiz.

Maksimich ham kulib, Roziyaga ma’noli koʻz tashlab oldi.
— Ha, Toshkentga oid harakatlaringizdan xabardormiz.

Sattor Roziyaga savol nazari bilan qaradi. Shunda Roziya Maksimichning Toshkentga nima ish bilan kelganini, hozir nima maqsadda shahar aylanganlarini goh jiddiy turib, goh kulib hikoya qila boshladi.

Bu orada taksi sabrsizlanib bir-ikki marta dudutladi.
— Mashinaga javob beraylik, biz bilan birga dam oling, — dedi Sattor Maksimichga. Ammo u ham, Roziya ham, bu Anhor boʻyiga faqat bir-birlarini deb kelganliklari, ikkovining faqat bir-biriga atalgan rozlari borligi shundoqqina bilinib turardi.
— Jonim bilan edi-yu, — deb, Maksimich chap koʻkragini ushlab qoʻydi: — Lekin yurak sanchyapti. Bugun koʻp yurdim. Yosh ham anchaga borib qolgan-da. Endi borib yotib dam olishim kerak. Roziya, men sizdan juda minnatdorman. Mana, bizning adres, agar Moskvaga yoʻllaringiz tushsa, marhamat!

Maksimich choʻntagidan bir tomoniga ruscha, ikkinchi tomoniga inglizcha yozilgan vizit kartochkasini oldi. U chet ellarga ham borib ishlagan, Moskvada ham chet elliklarni koʻp qabul qiladigan mutaxassislardan edi. Vizit kartochkasi ajnabiylarga moʻljallab bostirilgan boʻlsa-da, Maksimich uni qulayligi uchun oʻz odamlarimiz orasida ham ishlatar edi. U kartochkasini Roziyaga uzatmoqchi boʻlganda bir narsani sezib qoldi: Roziya astoydil xursand boʻlishi uchun buni yigitga berishi kerak edi.
— Marhamat, kollega, — deb Maksimich kartochkani Sattorga berdi.
— Ikkovlaringiz uchun mening eshigim hamisha ochiq.

Maksimich xayrlashib, taksiga chiqdi.

4

Oqshom gʻira-shirasida Sattor bilan Roziya anhor qirgʻogʻi boʻylab yuqoriga qarab oʻtishdi. Oʻngdan suv salqini ufurib turardi. Chapdagi stadiondan oʻn minglab tomoshabinning afsonaviy alplarday na’ra tortishi, goho yaxlit bir ovoz bilan «u-oʻ-o-a-ah!» deb, oh urishi eshitilardi.

Suv boʻyida sayr qilib yurgan odamlar behisob. Ammo Sattor bilan Roziya uchun olamda goʻyo ikkovidan boshka hech kim yoʻq. Koʻzlari faqat bir-birlarini koʻradi. Quloqlariga faqat bir-birlarining gapigina kiradi. Roziya taksida notanish odam bilan boshlashib kelganda hiyla taajjublangan Sattor voqeaning tafsilotlarini eshitgach, gap nimadaligini fahmladi. Roziyaday qiz unga shu qadar mehr qoʻysa, uning oʻzinigina emas, yaxshi koʻrgan ishini ham shunchalik sevsa, e’zozlasa, bundan ortiq nima boʻlishi mumkin? Sattor Roziyaning yelkasidan quchib, hiyol egildi. Yuzini Roziyaning yuziga bosib, uni sekin silkitib qoʻydi.
— Dunyoda qizlarning yaxshisidan yaxshiroq zot boʻlmas ekan-da, men buni endi bilyapman, Roziya.

Roziyaning yelkasidan quchgan zalvorli qoʻl ham, uning yuziga tegingan erkakcha yuz ham xuddi gulga yoki bolaga teginganday ehtiyotkor edi. Sattorning qandaydir dard aralash zavq bilan aytgan soʻzlarida, shirali, yoʻgʻon ovozida, soqoli yaqinda olingan marmarday yonogʻida Roziya mardona nafislik va soflik sezdi. Sattorni astoydil quvontirolgani buning ustiga qoʻshilib, Roziyaning qalbidagi baxtiyorlik tuygʻusini juda oshirib yubordi. Bu tuygʻu haddan tashqari shirin edi. Roziyaning e’tiroz qilgisi keldi.
— Qizlarning yaxshisidan yaxshiroq zot yoʻq dedingizmi?
— Ha.
— Menimcha bor.
— Kim?
— Buni tan olgan yigitlar!

Roziya Sattorning zavq qilib kulishini kutgan edi. Biroq Satgor juda baland bir choʻqqiga chiqib qolib, yiqilib ketishdan xavotirlangan odamday ogʻir entikdi-da:
— Qani endi shunday boʻlsa! — dedi.

Shu payt qirgʻoq chiroqlari yondi. Anqorda hali ham choʻmilib yurgan odamlar bor edi. Semiz bir kishi suvni shapillatib, Sattorning oldidan qirgʻoqqa chiqdi. Sattorning hayoliga xam shunga oʻxshash kutilmagan bir narsa keldi shekilli, u darrov qoʻlini Roziyaning yelkasidan oldi.
— Yuring, tinchroq joy topaylik.

Stadion tomondan kelayotgan shovqin Roziyaga endi eshitildi. Baland machtalarga marvaridday terilgan shoda-shoda projektorlar oʻtkir nurlarini pastga sanchib turardi. Tomoshabinlar esa osmonni boshiga koʻtarib qiyqirar, hushtak chalar edi. Bu galgi na’ra juda uzoq davom etganiga qaraganda, toʻp darvozaga kirgan edi.

Roziya Sattorga ma’noli jilmayib qaradi. U Sattorning futbolga nihoyatda ishqiboz ekanini bilar edi. Ammo Sattor yonginasida boʻlayotgan hayajonli oʻyin shovqinini hamon eshitmas, Roziyaning nozik barmoqlarini baquvvat panjasi bilan avaylab ushlaganicha qirgʻoq boʻylab yuqorilab borar edi.

Chiroqlar uzoqda qoldi. Tepada oy borligi bilindi. Bu yerda baland qirgʻoqning ba’zi joylari jarga aylanib qolgan. Jimjit daraxtlar orasiga qorongʻida odam kam keladi. Roziya u yoqqa borgisi kelmay toʻxtadi. Bundan ikki oy oldin yuz bergan bir voqea esiga tushdi.

Oʻshanda kino koʻrish uchun chiqqan Roziya hali seans boshlanishiga ancha vaqt borligi uchun tashqaridagi koʻkalam maydonchada dugonasi bilan aylanib yurgan edi. Bir payt telbalanib kelayottan ikkita mast yigit toʻsatdan Roziya bilan uning dugonasiga yopishdi. Qizlar ularni itarib tashlab, qochib ketishga urinishdi, Roziyaning dugonasi baland boʻyli baquvvat qiz edi, qochib qutulishga muvaffaq boʻldi... Ammo Roziyaga, osilgan hoʻkiz taxlit bir yigit:
— Sen mening sevgan qizimsan-ku, nega oʻptirmaysan! — deb uni mahkam quchoqlab oldi.
— Men seni birinchi koʻrishim! Qoʻyvor!
— E, hali tanimaydigan boʻldingmi?
— Qoʻyvor! Hayvon!

Xamma yoq odam. Birpasda tomoshabin toʻplandi. Birovlar mast yigitga yoʻlashni istamaydi, birovlar «qiz ham shu yigit bilan yurgandir-da, boʻlmasa birdan quchoqlab oʻpishga tusharmidi?» — deydi. Allakim uzoqdan turib:
— Hay yigit, qizing boʻlsa, koʻchada muncha xor qilma! — dedi.

Roziyani hammadan ortiq dahshatga kelgirgan narsa — odamlar uni shu maxluq bilan yurgan deb oʻylayotgani edi. Buning tuhmat ekanini isbot qilib boʻlmas edi. Roziya nuqul:
— Yolgʻon! Qoʻyvor! Qoʻyvor! — deb uning temirday qoʻlidan chiqib ketmoqchi boʻlib talpinar, boshini orqaga tashlab, yuzini bezorining sassiq ogʻzidan olib qochar edi.

Ikkita oʻrtogʻi bilan matchni koʻrib kelayotgan Sattor ham shu mojaroning ustidan chikdi. Gulday bir qiz bu jirkanch mahluq bilan yurishi mumkin emasligini, bezorilik ustiga qabih bir tuhmat boʻlayotganini sezish uncha qiyin emas edi. Sattor ham hoʻkiz taxlit yigitga qoʻl tegizishdan hazar qilar edi-yu, ammo qizning ahvoliga qarab chidab turish mumkin boʻlmay qoldi. Sattor ularning oldiga qanday borib qolganini oʻzi yaxshi eslolmaydi. U bezorining bilagidan ushlab:
— Oshna, qizga rahming kelsin, qoʻyvor! — dedi.
— Sen aralashma, bu mening qizim!

Futbolga ichib kirgan, oʻyin paytida yana ichib jinnisi chiqib qaytayotgan bezori hozir Roziyani chini bilan «oʻziniki deb» oʻylayotgan boʻlishi mumkin edi. Roziya yosh toʻla koʻzlarini Sattorga umid bilan tikib:
— Yolgʻon! Men uni umrimda koʻrgan emasman! — dedi. Sattor endi yigitning boʻynidan tortdi:
— Seni futbolning jazavasi tutibdi, oshna, adashibsan. Bu boshqa qiz. Qoʻyvor.
— Toshingni ter, qanjiq! — deb bezori Sattorni tepmoqchi boʻlib oyogʻini siltadi.

Shunda Sattor uning biqiniga musht tushirdi. Bezorining koʻngli ozib, gavdasi sal boʻshashganda, Sattor uni oʻsiq sochidan siltab tortib, Roziyadan uzib oldi.

Qiz chetlanishi bilan bezorining sherigi Sattorga hamla qildi. Mushtlashuv boshlandi.

To militsiya yetib kelguncha hoʻkiz taxlit yigit oʻzini oʻnglab, Sattorga pichoq urib qochdi. Changli asfalьtta tomgan qon — Sattorning qoni! — hozir yana Roziyaning koʻz oldiga keldi-yu, qattiq uvushdi. U qoʻlini sekin Sattorning qoʻlidan boʻshatib oldi. Sattorning oʻng biqinidagi chandiqni yupqa koʻylagi ustidan silab topdi:
— Ogʻrimaydimi?

Nozik barmoqlar oʻsha pichoqning jarohatidan qolgan chandiqni oʻpayotganday yoqimli tegdi.
— Yoʻq. Bitib ketgan.

Roziyaning hayolidan oʻtgan voqea Sattorning ham esiga tushdi-yu, stadion tomondan kelayotgan shovqin qulogʻiga endi eshitildi. Roziya mast bezorilar yana uchrab qolishidan xavotirlanib toʻxtagan edi. Sattor buni sezdi. Yara izini silab topgan nafis barmoqlarni xuddi koʻkragiga qoʻngan ma’sum qushcha kabi avaylab kaftiga oldi.
— Bugun match kech boshlangan, — dedi, — futbol jinnilari hali-beri koʻchaga chiqmaydi.
— Chiqqanda ham, siz yonimda yursangiz, men hech kimdan qoʻrqmayman.

Zavqli va ehtirosli tovush bilan aytilgan bu soʻzlarda alohida bir ishonch bor edi. Sattor Roziyaning qoʻlidan ushlaganicha sekin toʻxtatdi, uni bagʻriga bosgisi, erkalab oʻpgisi keldi. Ammo koʻz koʻzga tushganda bunga jur’at etolmay, qizni sekin oldinga boshladi.
— Mening oʻzimdan koʻrqmaysizmi, Roziya?

Roziya Sattorning sezilar-sezilmas harakatiga ham boʻysunib, u qayoqqa boshlasa, izmiga soʻzsiz itoat etib ketayotganini endi sezdi. Sattor hozir istasa, Roziyani qoʻllarida chirpirak qilib koʻtarib keta oladi. Agar Sattor oʻzini qoʻyib bersa, Roziyani olovli oʻpichlarga koʻmib tashlay oladi, nafasini kaytarguday quchib erkalay oladi. Roziya bunga monelik qilolmasligini biladi, chunki qachondir bir vaqt shunday boʻlishini u ham istaydi. U Sattorning sevgisidan oʻzini baxtiyor his qilgan sari ixtiyori qoʻlidan ketayotganini payqadi, qalbida uygʻongan istak olovidan oʻzini olib qochishga intildi:
— Sizdan emas... oʻzimdan qoʻrqyapman!
— Nega endi?
— Bilmayman... — dedi Roziya erib yumshagan tovush bilan. — Ixtiyorim qoʻlimdan ketib qolyapti.

Bu — qizning muhabbat izhori edi.

Sattorning ovozi shodlik tugʻyonidan tovlanib eshitildi.
— Agar ixtiyoringaz mening qoʻlimda boʻlsa, men uni koʻz qorachigʻimday asrayman. Faqat... Qani edi...

Sattor soʻnggi soʻzlarni dardli tovush bilan aytdi-yu, bir lahza jim turib qoldi. Roziya toʻxtab, uning yuziga intizor koʻzlar bilan qisqa bir nazar tashladi-da, yana yerga koʻz tikdi. U Sattorning muhabbat haqida, balki toʻy va uylanish haqida ochiqroq gapirishini kutdi. Bu juda mushkul boʻlganligi uchun «Sattor qanday gap ochishni bilmay qiynalyapti!» deb oʻyladi. U Sattorning ovozidagi dardli ohangga javoban «dardingizni ayta qoling, davosi topiladi!» deganday kulimsirab ham qoʻydi.

5

Biroq Sattorni ezayotgan dard Roziya oʻylagandan butunlay boshqacha, Sattor bundan besh yil burun hali institutda oʻqib yurgan kezlarida qishloqdagi ota-onasining qistovlariga boʻysunib uylanib qoʻygan. Uning yoshgina xotini, toʻrt yashar oʻgʻilchasi bilan hali ham qishloqda yashaydi, Sattorning keksa onasiga dalda berib, qishin-yozin shahardagi zrining yoʻliga koʻz tikadi. Sattorning Toshkentda uy-joyi yoʻq, oʻzi yotoqxonada turadi. Ishxonalaridan uy bermagunlaricha xotini bilan oʻgʻlini koʻchirib kelishni istamaydi.

Uylangan yillari Sattor qishloqqa tez-tez borar edi. Ammo, shaharda oʻtgan soʻnggi yillar uni juda oʻzgartirib yubordimi, har qalay u hozir qishloqqa faqat ogʻir majburiyat yuzasidan oyda-yilda bir boradi. Har borganda koʻr-koʻrona uylanganidan koʻngli choʻkib qaytadi.

Uning nazarida, bir-biridan koʻhlik kizlar, ayniqsa, soʻngga yillarda juda koʻpayib ketyapti. Sattor koʻzga yaqin yigit, Toshkentda ularning ba’zilari bilan tanishib, bilishib ham koʻrgan. Ammo haqiqiy joziba va haqiqiy mehr qanaqa boʻlishini Sattor mana endi, Roziyaga qarab bilmoqda edi. Uni hali hech bir odam Roziyachalik e’zozlay olmagan, hech bir qiz hali uning qadr-qimmatini bunchalik baland koʻtarmagan, unga Roziyachalik ta’sir koʻrsata olmagan. Sattor Roziyadan juda katta bir yaxshilik koʻrayotganday boʻladi, undan ajralib qolishdan qoʻrqadi. Ayni vaqtda, oilasi borligini aytmasa, igunday pok qizning muhabbatini nopok qoʻl bilan oʻgʻirlab olayogganday boʻladi. Bu oʻgʻrilikning bir kun emas, bir kun fosh boʻlish xavfi qalbiga muttasil tahlika soladi, eng shirin damlariga ham ogʻu qoʻshadi. Shuning uchun Sattor bugun Roziyaga haqiqatni aytmoqchi boʻlib kelgan. Aytganda ham, Roziyani choʻchitadigan tarzda emas, aksincha, qizni unga hamdard qiladigan yoʻsinda aytishni istaydi. Sattor hozir mana shu istak bilan Roziyaga yuzlandi.

Oydinda Roziyaning qoshlari kumushning qorasiday hiyol tovlanib koʻrindi. Mayin kulimsirayotgan lablar hozirgi onlardan fakat quvonch va shodlik kutadi. Roziya uning uylangan boʻlishi mumkinligini hayoliga ham keltirmayapti! Uni oʻzi tengli boʻydoq yigit deb oʻylayotgani shundoqqina bilinib turibdi. Sattor hozir aytsa gul ustiga doʻl yogʻdirganday boʻlishini sezdi.

«Axir men ham bir vaqtlar uylanmagan yigit edim-ku. Nahotki, bir soat-yarim soat oʻsha damlarga qaytib yashay olmasam? Roziyaning yonida, uning shodlanishini koʻrib oʻzim ham birpas yayrab yurishga haqqim yoʻqmi? Baribir men Roziyani aldab boshi berk koʻchaga olib kirolmayman. Aytaman! Payti keldi. Balki oʻzi soʻrab qolar...».

Sattor Roziyaning qoʻlini sekin qoʻyib yubordi.
— Qani edi, — dedi Sattor boyagi dardli soʻzlarini takrorlab, — odamlarga baxt ulashish mening qoʻlimda boʻlsa... Men baxtni sandigʻi bilan sizga keltirib berar edim. Istaganingizni oling edi.
— Men... avval «oʻzingiz oling» desam-chi?
— Baxt ulashadigan odamning avval olishga haqqi boʻlmasa kerak.
— Nima uchun?
— Chunki... qoidaga binoan boʻzchi belboqqa yolchimaydi.
— Xoʻp, agar oʻsha sandiqda men istagan baxt boʻlmasa-chi?
— Qayoqda boʻlishi mumkin, Roziya?
— Buni baxt ulashadigan odamdan soʻrash kerak.
— Endi, u odam ham xom sut emgan banda, bilmasligi mumkin...
— Men ham hali bilmayman.
— Unda men yoningizga tushib, baxtingizni birga qidiraymi?

Sirli bir nafosatga toʻlgan, goh shoʻx, goh ma’yus tuygʻularga yoʻgʻrilgan bu savol-javob davomida Roziya ancha oʻzini bosib oldi. Boya uni boʻshashtirib, ixtiyorini Sattorga berib qoʻygan qoʻrqinchli istak oʻrnini quvonchli bir erk tuygʻusi egalladi. Roziya endi Sattorni oʻz izmiga boʻysundirgisi keldi:
— Mayli, yuring!

Sattor ham uning izmi bilan dunyoning narigi chetigacha borishga tayyordek:
— Yuring! — dedi.

Roziya Sattorning bilagidan oldi. Ikkovi anhorning piyodalar koʻprigiga qarab ketishdi.

Shu vaqtgacha tovush chiqarmay jim oqayotgan anhor koʻprikdan berida allaqanday nishablikka duch kelib, togʻ daryosiday shovillab oʻtayotgani bilindi. Sattor qarama-qarshi tomonga ketayottan shiddatli toʻlqinlarga qaradi. Ularning har biri osmondagi oydan bir boʻlak sindirib olib, oʻzi bilan oqizib ketmoqchi boʻlardi. Ammo oyning suv yuziga sochilgan aksi toʻlqindan-toʻlqinga oʻtib, Sattorlardan ajralmasdan oqimga qarshi suzib borardi. Sattorning qalbidagi ziddiyat ham mana shu toʻlqinlarga oʻxshar, Roziyadan tushayotgan sehrli nurni oy nuri kabi chil-chil sindirib oqizib ketmoqchi boʻlardi. Toʻlqinlarga boʻysunmayotgan bu nur esa goʻyo, Sattorning oʻzini oqimga qarshi boshlab borar, Roziyadan boshqa hamma narsani unutishga, nurday erkin boʻlishga undardi. Roziya stadion tomonidan ustma-ust eshitilib turgan qiyqiriqqa boshi bilan ishora qilib kuldi:
— Futbol ishqibozlari rosa baqiryapti-ku!

Roziya stadionda baqirayottan odamlarni emas, Sattor hozir yonginasida boʻlayotgan oʻyin shovqinini eshitmayotganligidan zavqlanib kulmoqda edi. Sattor buni goʻyo tan oldi va Roziyaning haziliga yarasha shoʻxroq javob qilardi:
— Lekin baqirayotganlar boshqa, Roziya. Haqiqiy ishqibozlar baqirmaydi. Rustam-dostonga oʻxshab na’ra tortishadi.

Minglab ishqibozlarning bir ovozdan «u-u-o-a-ahh!» deb nido qilgani yana eshitildi. Roziya quvnoq tovush bilan:
— Shumi? — deb soʻradi.
— Bu hali na’ra emas. Lekin «oh» ursa osmon larzaga keladi degani shu. Qarang, Alpomishga oʻxshaydimi, yoʻqmi?

Sattor Alpomishni koʻrgan odamga oʻxshab gapirgani ham Roziyaning zavqini keltirdi. Roziya joʻrttaga unga taqlid qildi:
— Alpomishgami? Oʻxshaydi! Metro Boychibar boʻladi-yu, unga mana shu Alpomishingiz minadi...
— Minsa juda yarashadi!
— Boya men shu gapingizni moskvalik mehmonga aytib kulgiga qoldim.

Roziyaning soʻnggi gapida noz aralash erkalik bor edi. Uning bu erkaligi ham Sattorga juda yoqimli tuyuldi:
— Mening gapim fakat eng yoqimli kulgiga sabab boʻlishi mumkin, — dedi u Roziyaning soʻzidan ham oldin, erkaligiga javob berib.
— Gapingizning obroʻsi muncha baland? — deb Roziya yana tegishdi.

Bu orada ular koʻpriqdan oʻtib maydonga qarab ketdilar. Yoʻllarida uchragan odamlar ikkoviga qiziqib qarayotganlarini Roziya endi sezdi. Chiroqlar tagida qoʻltiqlashib kelayottan chiroyli-chiroyli uchta qiz goh Sattorga, goh Roziyaga havas bilan tikilib oʻtishdi. Shu payt Roziya oʻzidan ham, Sattordan ham faxrlanib jilmaydi. Sattor zsa bu iftixorga haqqi yoʻqligini eslab, boshini egdi. Ovozi birdan pasayib, tutilib-tutilib gapira boshladi:
— Gapimning obroʻsi baland emas, lekin bu... stadiondagi... behisob odamni joʻn transport eplay oladimi? Metroning katta bir stansiyasi mana shu atrofda qurilishi kerak.

Sattorga hozir ish toʻgʻrisida oʻylash va gapirish osonroq edi. U metroning xomaki loyihasiga yana koʻp aniqliklar kiritilganini, tunnelь mana shu atrofda anhorning tagidan oʻtib, maydonning osti bilan xiyobonga qarab ketishi kerakligini soʻzlay boshladi.

Bir qarashda zerikarli tuyuladigan bu mavzu ham Roziyaga oʻzining eng maroqli tomoni bilan koʻrinar edi. Hali qancha odam Toshkentda metro boʻlishini tasavvur ham qilolmaydi. Sattor bilan Roziya esa bu katta ishning ilk rejalari uchun jon kuydirib yurishibdi. Buni oʻylagan sari Roziyaning koʻngli togʻday koʻtariladi. Biri ustiga biri qoʻshilayotgan zavq, quvonch, iftixor tuygʻulari benihoya yoqimli edi. Roziya yana Sattorga erkalanib:
— Bu hammasi hali xomhayol! — dedi.
— Lekin qachondir bir vaqt metro, albatta, quriladi, men bunga ishonaman, Roziya. Hozir respublikamizning eng katta rahbarlari ham metroga astoydil e’tibor berishyapti. Moskvalik mehmonlar kelgandan beri biz kechalari ham qolib ishlayapmiz. Hali Maksimichdan umid katta edi. Siz unga voqeani tushuntirib juda yaxshi qilibsiz-da, lekin!

Sattor Roziyani oʻng qoʻli bilan yelkasidan olib, boyagiday erkalab silkitdi. Koʻli kiftigacha ochiq koʻylak kiygan Roziya yelkasining yalangʻoch joyi bilan Sattorning biqinidagi chandiqni yana his qiladi.

Oʻsha mudhish voqeaning toʻpolonida u Sattorni yoʻqotib qoʻygani, hatto uning kimligini, oti nimaligini bilmay qolgani zsiga tushdi. Keyin Roziya metroning tayyorgarlik ishlariga jalb etilgani, shu ish ustida Sattorni topib olgani, bugun u bilan uchinchi marta uchrashayotgani hayolidan oʻtdi. Hozir u buning quvonchini metro haqidagi gapga oʻshib aytdi:
— Toshkentimiz Osiyo qit’asida birinchi boʻlib metro qursa-ya! Ajoyib boʻlar edi-da!
— Ha, Yaponiya orol ekani hisobga olinsa, Osiyoday ulugʻ materikda hali bitta ham metro yoʻq.
— Loyihalaringiz tasdiqlanarmikan-a?
— Loyihalarimiz, deng. Yer osti qatlamlari aniqlanmaganda loyihalar havoga chizilarmidi?

Roziya shunday aniq, shunday buyuk ish ikkovini birlashtirib turganini yana bir marta shodlanib his qildi.
— Xoʻp, Sattor, loyihalarimiz.
— Hali loyihalarning xomakisini ishlayapmiz, xolos. Lekin, mana bu maydonga bir qarang...

Ular maydonning gʻarbidagi balandlikda toʻxtashdi. Maydonning anhor qirgʻogʻiga chiqadigan tomoni hali bitmagan. Chetlari tosh va chim bilan ishlanayottan yoʻlkalarning bir qismigina tayyor boʻlgan, xolos. Maydonning narigi tomonida ham qurilish davom etyapti. Koʻtargich kranlar osmonga nayzalarini sanchib turibdi. Ammo maydonning asosiy sahni allaqachon bitgan va oʻzining koʻrkamligi, bagʻri kengligi bilan butun shaharga husn kiritgan edi.
— Ilgari bu yerda nimalar borligini eslaysizmi? — soʻradi Sattor.

Roziya eslay boshladi:
— Hu ana u yerdan tramvay chinqirib burilar edi. Iflos suvli bir ariq bor edi. Xom gʻishtdan qurilgan uylar... Qandaydir bir ombor...
— Anhorning boʻyida-chi? Xuddi tovuqning kattagiga oʻxshagan uychalar betartib qalashib turmasmidi?
— Maydonga oʻtiladigan yoʻl ham juda tor edi-ya.
— Mana endi koʻring! Hozir bu maydonni har bir toshkentlik butun jahonga faxrlanib koʻrsatishi mumkinmi, yoʻqmi?
— Mumkin!
— Gap shundaki, Roziya, mana shu maydonning loyihasi ham hozirgi metroning loyihasiga oʻxshab koʻp munozaralarga sabab boʻlgan. Men bu loyihaning chet yoqasiga sal-pal ishtirok qilganman, bilaman. Hali zilzila davom etib turgan paytlar edi. «Maydonni bunchalik qilish kerak emas, nima, aerodrom quramizmi?» deganlar bor edi. «Bu maydon butun kuch bilan mablagʻni olib qoʻyadi, undan koʻra uy-joy qurilishiga zoʻr beraylik» deganlar bor edi. Lekin Toshkentning markazida shunday bir koʻrkam maydon boʻlmaguncha shaharning chiroyi ochilmasligini astoydil sezib yurganlar koʻpchilik edi. Oxiri mana...

Roziya Sattorning yuziga oʻtli bir ehtirom bilan tikildi.
— Shu koʻpchilikning orasida siz ham...

Sattor maqtanchoq koʻrinishdan koʻrqib uning soʻzini boʻldi:
— Men minglarning biri edim, xolos. Juda kichkina bir loyihachi edim. Lekin maydonning mana shunday qurilishi uchun jon kuydirib yurganim rost.
— Oʻshanda men oxirgi kursda edim, — dedi Roziya. — Buzilgan imoratlarning oʻrnini tozalashga chiqar edik. Esingizdami? Eski tanklar binolarni qulatib berar edi. Mana shu maydonning oʻrnini tozalash uchun ham bir necha marta shanbalikka chiqib, rosa changga botib ishlaganmiz.
— Ajabo! Men aytgan minglarning biri oʻzingiz ekansiz-ku!

Roziya bilan Sattorning orasiga yana bitta yaqinlik ipi tortilganday boʻldi. Goʻyo, mana shu maydonning oʻtmishi ham ularni birlashtirdi.
— Yana besh-olti yil oʻtib, metro ham qurilsa, bugungi gaplarimizni qanaqa qilib eslarkinmiz, Roziya?

Bu gap Roziyaga «kelajagimiz ham bir!» deganday eshitildi.
— Kuvonib, yayrab eslardik-da!

Roziya Sattor bilan nima toʻgʻrisida soʻzlashmasin, — oʻtmishdan ham, kelajakdan ham, koʻz oʻngidagi maydondan ham, atrofidagi narsalardan ham oʻz baxtini topayotganday quvonadi. Uning tolei goʻyo butun borliqqa sochilgan-u, Sattor birga yurib, unga hamma joydan baxt terib beryapti.

Shu tariqa yashnab-yayrab maydonni kesib oʻtishdi.

Odam siyrak. Toshkentliklar hali 6u yerga koʻp kelib oʻrganishmagan. Narigi yoqdagi goʻzal favvoralar qurilishi endi boshlangan. Namoyishlar xiyobonining oʻrtasiga — oyoq ostiga marjonday tizib qoʻyilgan qator yer-chiroqlar hali yondirilgan emas. Shunday boʻlsa ham, maydon goʻzal edi. Roziya toʻxtab osmonga qaradi. Uning nazarida yulduzlar hozir mashshoqlarga aylanib, Sattor ikkovlari uchun gʻalati bir kuy chalmoqda edi. Roziya shu kuy ostida Sattor bilan oʻyinga tushgisi keldi.
— Sattor, eshityapsizmi? — soʻradi u sirli tovush bilan.
— Nimani?
— Yulduzlar kuy chalyapti.
— Ha!

Roziya sumkasini bilagiga solib, chap qoʻlini Sattorning yelkasiga qoʻydi. Sattor Roziyaning istagini tushunib, oʻng qoʻli bilan belidan oldi.
— Tangomi? — dedi.
— Yoʻq, valьs!

Sattor Roziyani ohista quchib, «Oʻzbek valьs»ini ogʻzida chalib, nim qorongʻi maydonda uni gir-gir aylantirar ekan, oʻzini dunyoda eng tolei baland bir kishidek his qildi. Vujudida ulkan maydonni u boshidan bu boshigacha shu holatda oʻnlab marta aylanib chiqishga yetadigan bir kuch sezdi.

Uning uchun olamda faqat Roziya bor edi. Boyagi chigal dard goho koʻngliga tikanday qadalib qoʻysa ham, endi bu tikanni Roziyaning qoʻli bilan olib tashlash mumkinga oʻxshardi. Ichki bir ovoz Sattorga shivirlardi: «Shunday aqlli qiz nahotki seni tushunmasa, sening mushkulingni oson qilmasa? Roziyaga ishon, u sening oʻzingni hamma dardu gʻamlaringdan baland qoʻya oladi, har qanday holatda ham seni deydi!». Sattor bu ichki ovozning zavqiga berilib, vaqt qanday oʻtganini, qancha masofalar ortda qolganini sezmas edi.

6

Bir payt ular Xadicha Sulaymonova koʻchasidan aylanib oʻtib, oʻquvchilar saroyining qarshisidagi ochiq kafega keldilar. Roziya qachonlardan beri dam olmay piyoda yurgan boʻlsaam, charchoqlik sezmas edi. Sattor uning quruqshab turgan lablariga qarab:
— Choʻllabsiz-a! — dedi. — Hali ovqat ham yemagandirsiz? Restoranga bora qolaylik.
— Men och qolganim yoʻq. Shu yer yaxshi emasmi? Ochiq havo.

Sattor Roziyani chetroqda turgan stolga boshladi. Xizmat har kimning oʻzidan ekan. Sattor yaltiroq ma’dan vazachalarda morojenoye keltirib qoʻydi.
— Hozir, — deb kulib qaytib ketdi. U ikki qoʻlida ikki fujer toʻla shampanь vinosi bilan Roziyaga qarab kelayotgan edi, oʻng tomondagi stollar yonidan kimdir uni chaqirdi. Sattor yurib ketayotgan boʻyicha oʻgirilib qaradi. Chaqirgan odam uning hamkasbi Nodir Inoyatov edi. Nodirning yonida ishxonalarining boshligʻi Fayzulla Beknazarov ham shampanь ichib salqinlab oʻtirgan ekan. Ular ikkovi Sattorga sinovchan nazar bilan tikilib turar edi. Sattor toʻxtab ularga tomon bir-ikki qadam tashladi.
— Uch marta oʻtib bizga qayrilib qaramading-a! — dedi Nodir. Uning yupqa lablari va kisiq koʻzlarida gina aralash kinoya bor edi.
— Men koʻrmay qolibman! — Sattor Fayzulla Beknazarovga uzr soʻraganday qilib qaradi.
— Ha, koʻzing qamashib ketganga oʻxshaydi, — dedi yana Nodir. U boshliqning nomidan ham kinoya qilayotganga oʻxshardi. Beknazarov indamas, ammo Sattorning yashnab turgan yuziga, uning ikki qoʻlida bijillab oʻynayotgan ikki fujer shampanь vinosiga xiyol hayratlanib qarar edi. «Xotinim, oʻgʻlim borligini, ularni olib kelaman deb uy soʻrab ariza berganimni eslayotgan boʻlsa kerak!» degan oʻy Sattorning qalbini muzlatib oʻtdi.

U oʻngʻaysiz holatdan qutulish uchun gapni hazilga burdi.
— Koʻz qamashgan yoʻq-ku... lekin koʻrib turibsizlar, hozir atrofga alanglaydigan paytim emas.
— Yoningda shunday qiz yurgandan keyin atrofga alanglarmiding. Ammo balosan! — dedi Nodir va sersoch boshini Roziya oʻtirgan tomonga silkitib davom etdi:
— Bu hoʻ oʻsha... sen qutqargan qiz-ku. Oʻziyam juda ochilib ketibdi. — Nodir Fayzulla Beknazarovga izoh berdi — Sattor mana shu qizni deb pichoq yegan edi-da. Oʻshanda men ham stadiondan chiqib kelayotuvdim. Ammo, unda menga bunchalik goʻzal koʻrinmagan edi. Hozir juda...

Sattor gapni tezroq tamomlagisi kelib Nodirning soʻzini boʻldi:
— Qani, Fayzulla aka, yuringlar, birga chanqoq bosdi qilaylik...
— Yoʻq, mayli, siz boring, — dedi Beknazarov. — Lekin endi... pichoq-michoqdan ehtiyot boʻling. Bizga ham keraksiz.

Sattor kulib, xayrlashib ketayotgan edi, Nodir uning ketidan gap otdi:
— Ha, sen bizga eng rostgoʻy, eng vijdonli odam boʻlganing uchun keraksan. Buni u qizga ham bildirib qoʻy, doʻstim.

Nodir Sattorning oilasi borligini eslab va Roziya hali buni bilmasligini sezib istehzo qilmoqda edi. Xotin-qizlar bilan munosabatda vijdonni ham, insofni ham tan olmaydigan Nodirning istehzosi Sattorga oʻqday tegdi. U achchiq bir javob aytgasi kelib keskin oʻgirildi. Shu payt qoʻlidagi vino chayqalib, ozginasi toʻkildi. Bu Sattorning shahdini qaytardi. U istehzoli iljayib:
— Nasihatlar uchun rahmat! — deya oldi, xolos. Sattor Roziyaning oldiga qaytganida rangidan qoni qochib, yuzi boʻzarib qolgan edi. Ammo oʻzini xushhol koʻrsatishga tirishib:
— Qani, oldik, Roziya, — dedi. — Kechirasiz. Hamkasblar uchrab gapga tutib qolishdi. Qani, oling!

Roziya vinosi hamon oʻynab turgan qadahni sekin qoʻliga oldi va Sattorga boyagiday mehrli koʻzlar bilan qaradi. U Sattor bilan birinchi marta urishtirib ichadigan qadahi umrbod esda qoladigan damlardan nishona boʻlishini istardi.

Ammo Sattorda boyagi ufurib turgan bayram kayfiyati endi yoʻq. Roziyaning nazarida, uning yelkalari ham allanechuk pasayib, oʻzi bir oz choʻkib qolganday koʻrinadi. «Oling, oling» deyishlari ham anchayin bir mehmonga qilinadigan yuzaki manziratni eslatadi.
— Hamkasblaringiz biron... noxush xabar aytishdimi?— dedi Roziya.
— He, yoʻq, shunchaki gap...

Sattor Fayzulla Beknazarovning «Pichoq-michoqdan ehtiyot boʻling!» degan tagdor gapini esladi. «Roziya bilan toʻgʻrilikcha yuribman-ku, nega boshliqning gapini darrov oʻzimga olaman!» deb Sattor ichida oʻzidan ranjidi. Ammo Nodirning «balosan!» degani buning aksini isbotlayotganga oʻxshadi. «Shunday qizni qoʻlga tushiribsan, oʻshanda buni qutqarganingning haqini ol, boʻsh kelma, xotining borligini bildirmay yuraver, maza qil!» demoqchi edi Nodir unga. Nodir uchun chiroyli qizlar bilan lazzatlanib yurish — ovga chiqib, qarmoq tashlab, katta oʻlja olishday gap edi. Bunaqa «ovni» Sattor ham bir vaqtlar bilar edi. Ammo hozir Roziyani oʻtkinchi bir «ov» deb oʻylasa oʻzidan jirkanardi. Nodirning soʻzlaridagi «ovchilik» ma’nosi esa Sattorning qalbidagi eng pok, eng aziz tuygʻulariga iflos bir qoʻl kabi tegib, chirkin iz qoldirdi.

Hozir Sattorni ezayotgan yana bir narsa shuki, Nodir uni oʻziga oʻxshatib «Balosan!» deganda, soʻng uning rostgoʻyligini masxara qilganda, Sattor javob topolmadi, «Nasihatlar uchun rahmat!» deb pisillab qoʻya qoldi. Chunki, uning tili qisiq edi!

Sattor qadahni qoʻlga oldi. Roziya uning bir narsa deyishini kutmoqda edi. Qizning mehr toʻla koʻzlari Sattorga yordam berishga, uning har qanday mushkulini oson qilishga tayyor ekanini bildirardi. Roziya uni boyagiday begʻam va shod qiyofada koʻrishni istardi.
— Kechirasiz, Roziya... Mening hayolim boʻlindi. Iching! Mana shu birinchi qadahimiz... oxirgi qadah boʻlmasin. Dunyoda hech kim, hech narsa bizni bir-birimizdan... — «ajrata olmasin» deyishga Satgor jur’at etmadi... — bizni bir-birimizga qarshi qoʻyolmasin!
— Yaxshi!

Shampanь ichib, morojenoye yeb oʻtirganlarida Roziyaning husni yana ham ochilib ketdi. Uning qizlik jozibasi atrofdagi hamma odamlarning e’tiborini tortmoqda edi.

Biroq Roziyaning odamlarga bu qadar sehrli koʻrinayotgan husni Sattor tufayli ochilib ketgani qizning har bir harakatidan, har bir nigohidan bilinib turardi. Sattor oʻziga havas bilan qarayotgan koʻzlarni koʻrib, yuragi allanechuk uvushdi. U muhabbat tuygʻusining tobora baland choʻqkisiga chiqib borayotganini sezar, bu choʻqqidan yiqilib ketsa chilparchin boʻlishini oʻylab, qalbini vahima bosar edi. U Roziyadan hali zamon mahrum boʻlib qolishini oldindan sezayotganday iztirob chekar, Roziyaga termilib-termilib qarar edi.

Roziya esa Sattordagi bu holatlarga muhabbat izhoridan oldin boʻladigan taraddud va tashvish sabab boʻlyapti, deb oʻylardi. Bugun hal qiluvchi bir gap boʻlinini oʻylaganda, Roziyaning yuragi ham taka-puka boʻlib qoʻyardi. Ammo Sattorning iztirobi unikidan kuchliroq ekani qizga dalda berar, shampanь ham taьsir qilib, olam uning koʻziga behad goʻzal koʻrinardi.

Ular kafedan chikib yana anhor tomonga qarab ketayotganlarida Sattor ogʻir tin olib:
— Roziya, — dedi. — Sizdan boshqa kiz boʻlsa, men koʻnglimdagi sirlarimni aytib oʻtirmas edim. Lekin siz men uchun shunchaki bir qiz emassiz, topilmaydigan bir insonsiz. Men bu dunyoda faqat siz bilan baxtiyor boʻla olishimni sezib turibman.

Muhabbat izohini kutayotgan Roziya «boshlandi!» — deb shirin bir ehtirosdan entikdi. Sattor ovozi boʻgʻilib gapirdi:
— Lekin men... siz bilan oʻtayotgan mana shu mas’ud damlarga haqqim bormi, yoʻqmi, bilmayman.
— Nega endi?
— Men hozir sizga munosib emasman, deb qoʻrqaman! Roziya bu gapni kamtarlik deb oʻylab zavqi keldi.

Bugun Sattordan faxrlangan paytlarini eslab kuldi-yu:
— Siz hali oʻzingizni bilmas ekansiz, — dedi.
— Yoʻq, Roziya, siz bilmaysiz!
— Nimani?
— Hozir sizning koʻnglingiz mening qarshimda nozik bir oynaga oʻxshab turibdi. Men shu oynaga tosh tegmasin deyman.
— Kanaqa tosh, Sattor? — deb Roziya endi sergaklandi.
— Balki tosh emasdir. Balki buning siz uchun ahamiyati ham yoʻqdir. Gap shundaki, men yoshlik qilib bekordan-bekorga erkimni qoʻldan berib qoʻyganman!

Roziya shu paytgacha zavq va quvonch toʻlqinlari orasida chappar urib suzib kelayotganga oʻxshardi. Ipakdek mayin toʻlqinlar endi birdan gʻadir-budur toshga aylanib ketayotganday boʻldi. Roziya seskanib soʻradi:
— Uylanganmisiz?
— Besh yil oldin uchrashmaganimiz menga alam qiladi!

Toshga aylanayotgan toʻlqinlar Roziyani iskanjaga olib suyaklarigacha zirqiratib qisganday boʻldi. Uning vujudi qaqshab:
— Besh yil? — dedi. — Bolalaringiz ham bordir?
— Toʻrt yashar oʻgʻilcha bor.

Roziya shafqatsiz tosh-toʻlqinlar orasidan chiqib ketmoqchi boʻlib talpina boshladi:
— Men nima!.. Men sizning oilangizga... yaxshilik istayman. Siz menga yomonlik qilganingiz yoʻq... Koʻsha qaringlar!

Sattor Roziyani tirsagidan ushlab oʻziga qaratdi:
— Nega muncha oʻzgarib ketdingiz, Roziya? «Qoʻsha qaringlar» degan gapingiz menga kinoyaday eshitilyapti!
— Boshqa nima ham deyishim mumkin?
— Agar men u bilan qoʻsha qarishni istaganimda sizga bunchalik armon qilib gapirmas edim!

Roziyaning koʻzi oldida Sattor boyagidan butunlay boshqacha — goʻyo u birpasda besh-oʻn yosh ulgʻayib, uvali-juvali kishi boʻlib qoldi. Butun uchrashuv davomida Sattor oʻzini tutib, Roziyani avaylab kelayotgani, armon aralash aytgan gaplari, hamkasblarini uchratib xomush boʻlib qolgani, — hammasining ichki sababini Roziya endi bildi. U Sattordan butunlay boshqa narsalar kutib aldangani koʻnglini ezdi. Uning oʻziga ham, Sattorga ham rahmi kelib, koʻzlarida birdan yosh gʻiltilladi.
— Men oʻzim ham farosatsizlik qilibman... Avvalroq sezishim kerak zdi... Meni kechiring, Sattor, oilangiz borligi menga bunday ta’sir qilmasligi kerak edi. Lekin men nima qilay... umidim boshqacha boʻlganini yashirolmayapman. Oʻzimni qoʻlga ololmayapman. Oʻzim-oʻzimga bunchalik ayanchli koʻrinaman deb hech oʻylamagan edim!
— Siz oʻzingizni ayblamang, Roziya. Siz samimiysiz, oqkoʻngilsiz. Sizni men qiynab qoʻydim. Koʻzingizdagi yoshdan mening yurak-bagʻrim oʻrtanib ketyapti. Yigʻlamang, iltimos qilaman!

Sattor Roziyaning koʻz yoshini qoʻli bilan sekin artib oldi. Roziya atrofiga qaradi. Hamma narsa tutun aralash tuman orasida yotganday xira koʻrinardi. Ular Navoiy kutubxonasidan nariroqda, daraxt pana qilib turgan yoʻlka chetida turib gaplashmoqda edilar. Roziya koʻzini qoplagan tuman ichidan chiroqlarini yoqib oʻtayotgan uzokdagi tramvayni koʻrdi. U qalbini ham tutunday qoplab olgan achchiq tuygʻudan tezrok qutulgisi keldi. Tramvayga tomon intilib:
— Men ketaman! — dedi.

Sattor u bilan vidolashayotganday mungʻayib:
— Oʻzingiz bilasiz, — dedi. — Men sizni «qoling» deyishga haqqim yoʻq! Bu yogʻini endi faqat siz hal qilasiz.

Roziya Sattorni shu ahvolda tashlab ketolmasligini sezdi. Bundan bir soatgina oldin ikkovi qanday unutilmas damlarni boshdan kechirganlari esiga tushdi. Undan oldin bu yigit Roziyani yomon bir falokatdan qutqaraman deb pichoq yegani koʻz oldiga keldi. Bugun ham Sattor olijanob, sofdil bir yigitdek muomala qilayotgani Roziyaning ongiga endi borib yetdi. Sattor shunchalik mungʻayib, mushkul ahvolga tushib qolganda hech kim unga yordam berolmasligi Roziyaning yuragini ezib, koʻzini yana yoshga toʻldirdi.
— Sattor, menga hali umrimda sizday yaxshi yigit uchragan emas edi. Bundan yarim soat oldin men siz bilan yurganimdan baxtiyor edim. Endi, bilsam, bunga hakqim yoʻq ekan... Men boshqa birovni shunchalik seva olamanmi, yoʻqmi, bilmayman. Lekin sizni... sizning menga qilgan yaxshiligingizni umrbod unutmayman. Xayr!
— Endi shoshmang, Roziya... men ham sizni butun vujudim bilan sevaman, boshqa hech kimni bunchalik sevgan emasman, sevolmayman. Biz shuni bila turib, nega ajrashib ketishimiz kerak? Nega darrov taslim boʻlyapmiz?
— Sababini oʻzingiz aytdingiz!
— Yoʻq, men erkim oʻzimda emasligini aytdim. Lekin mening koʻnglim sizda, kelajagim oʻzimga bogʻliq. Mana siz yonimda boʻlsangiz, erkim ham oʻzimga qaytadi, Roziya, bunga ishoning!

Roziya Sattorga bir lahza jim tikilib turdi. U Sattorning oilaviy hayotini koʻz oldiga keltira boshladi. Mana shu keng yelkalar, mana shu iztirobli yuz, mana shu olovli koʻzlar, mana shu yoqimli ovoz, Roziya sevib qolgan mana shu koʻhlik yigit besh yildan beri boshqa ayol bilan yashayotgani, orada ikkovidan bino boʻlgan farzand borligi Roziyaning tasavvurida shunday gavdalandiki, rashk, alam, armon hammasi birgaliqda uning Sattorga boʻlgan mehrini goʻyo toshboʻron qila boshladi.

Roziya butun borligʻi qaqshab:
— Yoʻq, — dedi. — Yoʻq! Men istamayman!
— Nimani? — qoʻrqib soʻradi Sattor.
— Siz birovning otasisiz. Birovning erisiz!
— Lekin men birovning shaxsiy buyumi emasman, Roziya! Muhabbat nimaligini bilmay adashib uylangan boʻlsam, umrbod baxtsiz oʻtishim kerakmi? Men bu ahvolda oilamga nima baxt bera olaman? Ular qishloqda. Oyda-yilda bir borar edim. Hozir borgim ham kelmay qolgan.

«Hozir» degan soʻz Roziyaga «Siz uchragandan beri» deganday eshitildi va juda noxush tuyuldi. U oʻzini Sattorning xotinidan keyingi navbatdagi ayolday sezdi. Qattiq ozorlanib dedi:
— Men ham nima qilay? Mening orzularim butunlay boshqa edi.
— Bilaman. Men shu sirni aytmaganimda orzularingiz bari oʻz oʻrnida turar edi. Lekin men sizning koʻnglingizda nima borligini sezib turib, uylanganligimni yashirsam, sizni aldab qoʻlga tushirganday boʻlar edim. Bunga mening vijdonim yoʻl bermaydi. Men sizni tushunasiz deb aytdim.
— Tushunganim bilan nima ham qila olaman?
— Istasangiz meni baxtiyor qila olasiz!
— Siz boshqalarni baxtsiz qilib kanday baxtiyor boʻla olasiz?
— Boshqalar ham oʻz shaxsiy baxti uchun kurashishi kerak. Hozir yigirmanchi asr. Bu haqda qancha kitoblar yozilgan, qancha filьmlar olingan. Bu bosqichlardan allaqachon oʻtib ketganlar juda koʻp.

Roziyaning oʻzi ham muhabbatda erkni juda baland qoʻyar, buni tushunmagan yoki tan olmaganlar uning koʻziga taraqqiyot bosqichlarining eng past zinalarida turganday koʻrinar edi. Agar hozir oʻzining boshida tushayotgan savdoni birorta kitobda oʻqisa yoki filьmda koʻrsa, Roziya hech ikkilanmay Sattorning gapini ma’qullagan boʻlardi. Shunday qilmay har xil andishalarga berilib «yoʻq!» deydigan qiz Roziyaning koʻziga chetdan juda qoloq koʻrinar edi. Ammo, hozir oʻzi Sattorni oilasidan kechtirib, uning oʻgʻlini otasiz qoldirib turmush qurishni oʻylasa, kelajak Roziyaga juda ishkal, juda gʻuborli koʻrinardi. Roziya oʻziga bunday kelajakni ravo koʻra olmasligini endi bilyapti. U yigirma besh yoshga kirguncha koʻpgina toʻylarni koʻrgan, koʻpgina qarindoshlari va dugonalarining turmushlarini kuzatgan. Oʻzlari ham mehr-muhabbat bilan topishgan, ota-onalar va qarindosh-urugʻlarining ham koʻnglini olib, mahalla-koʻyning ham olqishiga sazovor boʻlib turmush qurgan yigit-qizlar Roziyaning havasini keltiradi. U koʻpchilikning ta’na va dashnomiga uchraydigan ishkal bir kelajakka emas, aksincha, hammaning tahsiniga sazovor boʻladigan, teng-tushlarining havasini keltiradigan bir kelajakka intilib, oʻrganib qolgan. Shuning uchun hozir Sattorga yon bosolmaydi. Biroq u oʻz kelajagini Sattorsiz ham tasavvur etolmaydi. Sattorsiz kelajak unga huvillagan sovuq bir boʻshliq boʻlib koʻrinadi.

Roziya nima qilishini bilmay atrofga alangladi. Sattor uning javobiga muntazir edi. Uzoq jimlikdan soʻng Roziya yana:
— Men ketaman, — dedi.

Sattor uni tramvay bekatiga boshlab borayotganda koʻchada birdan odam koʻpayib ketdi. Tungi chiroqlar yorugʻida yuqoridan yopirilib tushib kelayotgan behisob odamlarning aksariyati yigitlar, erkaklar edi. Sattor bularning futboldan chiqib kelayotgan tomoshabinlar ekanini payqadi. Sershovqin, serharakat xaloyiq daryosi hozir Roziyani oqizib ketishidan xavotirlanib, uning bilagidan oldi.
— Roziya, menga qarang. Yana qachon uchrashamiz?
— Men sizdan minnatdorman, Sattor, lekin endi...
— Hozir javob bermang! Shoshilmang!
— ... Men sizning sofdilligingizni unutmayman...
— Vidolashmang, iltimos qilaman, koʻnglingizni yaxshilab sinang. Men kutaman!
— Siz menga shuncha yaxshilik qildingiz, bas.
— Biroq siz meni doʻzax azobiga solmang, Roziya. Bugungi joyda har kuni kechqurun ishdan keyin sizni kutaman.
— Har kuni? Yoʻq-yoʻq!
— Uch kungacha kutaman, Roziya!
— Kutmang!
— Yoʻq, bir haftagacha kutaman... Har kuni!

Roziya yana bir lahza tursa «xoʻp, kelaman!» deb qoʻyishini sezdi-yu:
— Yoʻq! — dedi. Ammo Sattorga bu soʻz juda ogʻir tuyulganini sezib, Roziya oyoq uchiga koʻtarildi, Sattorning yuzidan tezgina oʻpdi, shu bilan «endi koʻrisholmas-miz» demoqchi boʻldi va koʻchani toʻddirib oʻtayotgan xaloyiqning orasiga oʻzini urdi.

Futboldan hayajonlanib chikqan izdihom orasida ichib olgan bezorilar ham bor. Ammo hozir Roziyaning koʻziga hech qanday xavf-xatar koʻrinmaydi. Sattor bilan ajrashish azobi oldida hamma xatarlar joʻn tuyuladi. Butun vujudi Sattor bilan yana uchrashishni istab turganda, bu istakni egib, bukib oʻtish har qanday tashqi noqulaylikni ahamiyatsiz qilib qoʻygan.

Sattor uni tramvaygacha uzoqdan kuzatib bordi. Xaloyiq yoʻlkalarga va bekatlarga sigʻmay ketgan. Vagonlarii toʻldirib joʻnayotgan odamlar orasida Roziya goh koʻrinib, goh koʻrinmay boryapti.

Nihoyat, u ham tramvayga chiqdi. Ichkariga sigʻmagan yosh-yalanglar vagonlarning eshiklariga va orqalariga osilib olgan. Tramvay toʻs-toʻpolonda arang joyidan jildi-yu, nariroqqa borib tezlab ketdi.

Sattor bilan Roziyaning topishishiga sabab boʻlgan izdihom daryosi hozir goʻyo Roziyani uning bagʻridan yulib oldi-yu, tungi shaharning allaqayoqlariga olib ketdi.

7

Sattor ertasi kuni ishga borganida xuddi boshqa bir olamga kelib qolganday oʻz kasb-koriga xiyol taajjublanib qarayotganini sezdi. Uning butun borligʻi hamon Roziya qoʻzgʻatgan tuygʻular bilan toʻlib turibdi. Kechagi uchrashuvning turli-tuman tafsilotlari hayolida muttasil charx uradi. Oradagi chigal muammo koʻnglining bir chetini kuydirib, zirqiratib turgan boʻlsa ham, bundan qat’i nazar, Roziyaday qizning sevgisini qozongani uning ruhini koʻtaradi, issiq lablarning tafti hali ham yuzidan ketmay turadi, ikki orada yongan muhabbat olovi butun vujudini ilitib, hayollarini ravshanlashtiradi.

Shu olovning yorugʻida Sattorga ilgari uncha koʻrinmaydigan narsalar ham hozir favqulodda bir aniqlik bilan namoyon boʻladi. U oʻzi ishlaydigan xonada naqadar qogʻoz koʻpligini goʻyo endi payqayotibdi. Olti loyihachi injener bir xonada ishlaydi. Har birining stoli va chizmakashlik asboblari bor. Hamma stollarning ichi-yu usti turli-tuman loyihalar, qoʻllanmalar, iltimosnomalar, koʻrsatmalar bilan toʻlib ketgan. Ora-oraga qoʻyilgan javonlarda ham, tumbochkalarda ham muqovalangan, buklangan, taxlangan qogʻozlar, polda ham qogʻoz qiyqimlari, chiqindi uchun qoʻyilgan savatchalarda ham gʻijimlangan qogʻoz. Keng derazalardan yoz oftobining ayovsiz seli oqib kirib turibdi. Xonadagi havodan ham chash aralash qogʻoz hidi keladi.

Bugungi taraqqiyot qogʻozni bu qadar koʻp ishlatishi, har bir qurilish alohida gʻishtigacha avval qoyuzda chizilib xilma-xil yozuvlar bilan asoslanib, shundan keyingina amalga oshishi Sattorga hozir qandaydir boshqacha — yaxlit va yangi bir narsaday tuyuladi.

Qogʻoz ummonida har qanday tuygʻu gʻarq boʻlib ketishi, odam hissiz bir mashinaga oʻxshab, nima ish buyurilsa befarq bajaraverishi juda oson. Bu ummonda gʻarq boʻlmaslik uchun har kim oʻziga ma’qul bir usul bilan suzishni oʻrgangan.
— Sattor, Baytqoʻrgʻonda bitta osh boʻladigan! — deb Nodir xomaki bir loyihani stol ustiga yoyib qoʻydi. Nodirga ergashib kelgan oʻrta yoshli tepakal kishi yangi charm papkasini koʻltigʻiga qisib va shirin jilmayib:
— Mashinamiz ham bor, olib borib-olib kelib qoʻyishi oʻzimizdan, — dedi. — Kggmiz tashkil qilamiz.

Sattor bu odamning allaqaysi korxonadan kelgan vakil ekanini bilardi. Loyihaga qarab turib, ziyofatning sababini ham tushundi.

Bu korxona yangi uy-joy mavzeida oʻz odamlari uchun bir nechta koʻp qavatli uy qurgan. Xuddi shu mavzeda boshqa-boshqa ministrliklarga qaraydigan yana ikkita katta tashkilot ham shunga oʻxshash turar joylar quryapti. Suv, gaz, elektr kabi narsalar mavzedagi yangi uylarning hammasi uchun yaxlit loyiha bilan birvarakayiga olib borilgani yaxshi. Ammo narigi ikki tashkilotning qurilishi kech boshlangan, sust boryapti, hali-beri bitadigan emas. Uylari bitib qolgan korxona ularni kutib oʻtirishni istamaydi. Shuning uchun mana bu maxsus loyi-hani tasdikdan oʻtkazib, yer osti kommunikatsiyalarini ham oʻzlari uchun alohida qurishmokchi. Ammo har uchala tashkilotning kuvurlari bir koʻchadan oʻtadi. Agar har biri alohida loyiha bilan oʻz bilganicha kuvur yotqizsa, bu koʻcha uch kayta kovlanadi. Oʻzi yuz xil iltimos bilan yaqindagina asfalьt boʻlgan koʻcha edi. Ertaga borib bular bir buzsa, uch oydan keyin boshqa tashkilot kelib kaytadan kovlasa, olti oydan soʻng yana buzilsa!..

Sattor shuni ayta boshlagan edi, vakil gapni ilib ketdi:
— Bilaman, oʻrtoq injener, hammamiz ham koʻchalarning ustma-ust kovlanaverishidan bezor boʻlganmiz. Agar uch tashkilot bosh qoʻshib shu ishni birga qilsa, biz jon der edik. Lekin boshqalar hali yer osti kommunikatsiyalarini oʻylayotgani ham yoʻq. Bizning uylar bitgan, odamlar «qachon koʻchib kiramiz!» deb kuloq-miyani yevoryapti.
— Zilziladan keyingi uy-joy tanqisligi ma’lum-ku, — deb Nodir vakilga yon bosdi. — Necha yuz odam uy-joysiz azoblanib yurgandan koʻra koʻchaning bir-ikki marta ortiqroq kovlangani afzalroq emasmi?
— Xoʻsh, taklifing nima?
— Nima boʻlar edi? Yozuv-chizuvlarini biz ikkovimiz toʻgʻrilab beraylik. Fayzulla akaga tushuntirib aytsak, tasdiqdan oʻtkazadi. Buning qonunga xilof joyi yoʻq.

Nodir Sattorga «Balosan! — deganday kulib qaradi. — Haligi qizga qilgan yaxshiligingni hissasini chiqarganing bilinib turibdi. Albatta, oilang borligini yashirgansan, yoʻlini topib maza qilgansan, shuning uchun bugun gʻolibga oʻxshab yuribsan!» Nodir Sattorni yumshatish uchun gapini tekislashga tirishdi.
— Shu bahona bilan kechagi gʻalabangni ham yuvamiz! Sattorning qalbida yonib turgan musaffo olovga Nodir chirkin bir suv sochganday boʻddi. Sattorning qahri kelib:
— Sen bu yuvgʻuvchiligingga hammani aralashtiraverma! — dedi.
— Oʻrtoq muhandis, siz gruppa boshligʻi ekansiz, bizning ishimiz sizsiz bitmaydi, — deb papka qoʻltiqlagan amaki Sattorga yalina boshladi.
— Xoʻp, siz osh qilib beraman deysiz. Lekin bu osh qanchalik qimmatga tushishini bir oʻylab koʻring-a. Agar uch tashkilotning har biri oʻz boshiga loyiha tuzib alohida kommunikatsiya oʻtkazsa, bunga uch barobar ortiq kuch ishlatiladi, uch barobar ortiq pul sarflanadi, koʻcha uch marta kovlanishidan aholi ham oylab-yillab azob tortadi!
— Sen ham osmondan kelasan-da, Sattor. Nima, bular tayyor boʻlgan uylarni qulflab qoʻyib, narigi binolarning bitishini kutib oʻtirsinmi?
— Kutib oʻtirgilari kelmasa, narigi tashkilotlar bilan til topishishsin. Erta-indin ular ham yer osti kommunikatsiyalarining tashvishiga tushadi. Undan koʻra hozir mana bular bilan birga shu tashvishdan qutulib olishsin. Baribir, suv ham, gaz ham oʻsha mavzedagi hamma uylarga bitta trassadan boradi.
— Men ular bilan toʻrt marta gaplashdim. Uni-buni bahona qilib bosh qoʻshishmayapti.
— Lekin siz yoʻlini toping. Juda boʻlmasa, bizga qilib bermoqchi boʻlgan oshingizni oʻshalarga qilib bering!

Papka qoʻltiqlagan amaki soʻnggi gapdan juda norozi boʻldi:
— Men ularga nega osh qilib berar ekanman? Ularga biron qaramlik joyim bormi? Biz ham mustaqil tashkilotmiz!
— Lekin siz mana bu masalani mustaqil hal qilolmaysiz, — dedi Sattor, — uchta tashkilotdan bittasining bizga ishi tushib turibdi. Fayzulla akaning qoʻlida ularning boshqa bir loyihasi bor. Tasdiqlatishga kelganda mahkam ushlaymiz. Mana bu ishga bosh qoʻshmaguncha oʻtkazmay turib olamiz!
— Ana 6u boshqa gap! — deb papkali amaki quvonib ketdi.
— Biroq uchinchi tashkilotni oʻzingiz koʻndirasiz.
— Boʻlmasa, bunday qilaylik, — dedi Nodir papkali amakiga. — Oʻsha Baytqoʻrgʻonda boʻladigan oshga uchinchi tashkilotdan bir-ikkita oʻzingizga oʻxshagan mutasaddilarni olib kelasiz. Nima deding, Sattor?
— Yaxshi boʻladi.
— Sizlar ham borasizlar-da, — dedi papkali amaki.
— Boʻlmasa-chi, — kuldi Nodir. — Bunaqa oshlar bizsiz pishmaydi.
— Mayli, pishirishiga qatnashamiz, — dedi Sattor ham.

Papka koʻtargan amaki maslahatni bir joyga qoʻyib chiqib ketayotganda Sattorning koʻzi eshik tepasiga oʻrnatilgan katta elektr soatga tushdi. Kechqurun Roziyani koʻrish umidida anhor boʻyiga bormoqchi ekani esiga tushdi-yu, yuragi bir taka-puka boʻldi. Roziyaning «Kutmang!» — degani qulogʻi tagida goʻyo qaytadan eshitildi. «Kelmaydi» degan shubha koʻngliga soya solib oʻtdi. Keyin Roziya uni oʻpgani esiga tushib, vujudiga iliq bir harorat tarqaganday boʻddi. Boya Nodir Sattorga gʻolibona qaraganday qaragani bejiz emasdek tuyuldi.

Roziya kelarmikan? Agar kelsa, Sattor chindan gʻalaba qilgan boʻladi. Undan narida ayriliq boʻlmaydi. Sattor hamma chigalliklarni Roziya bilan birga yechadi, boshiga nima ish tushsa, hammasiga chidaydi.

Mana shu qaror bilan Sattor kechki payt anhor boʻyiga keldi. Oftob bugun haddan ortiq ma’yus botayotganday koʻrindi. Sattor Roziyaga salgina oʻxshaydigan qiz koʻrinsa ham yuragi hapriqib, atrofdagi koʻcha va maydonlarga intizor koʻzlar bilan tikilib, ikki soat yolgʻiz aylanib yurdi.

Ammo Roziya kelmadi. Oqshom gʻira-shirasida Sattor boʻshashib orqaga qaytar ekan, kecha Roziyaning oʻksinib yigʻlagani esiga tushdi. «Va’daga binoan yana olti kun bor» — deb Sattor oʻzi-oʻziga tasalli bermoqchi boʻldi. Ammo Roziyaning biror ogʻiz «Kelaman» demagani Sattorning bir hafta davomida har kuni kutishga chiqishini allanechuk ma’nosiz qilib koʻrsatar edi. Sattor bu ogʻir va chigal tuygʻularni ishda sal hayolidan uzoqlashtirshpi mumkin edi. U yotoqxonaga bormay, yana ishxonasiga qaytdi.

8

Fayzulla Beknazarovichning kabinetidan yorugʻ tushib turar edi. Sattor bu yerda yana metroning loyihasi muhokama qilinayotganini sezdi-yu, toʻgʻri oʻsha yerga kirib bordi.

Uzun stolning ustida xaritaday katta loyiha qogʻozi ochiq turipti. U yerga boʻlajak metro stansiyalarining ilk nomlari ham yozib qoʻyilgan: «Farhod», «Doʻstlik», «Yoshlik...» Chetdan qaraganda bular hammasi hali tugʻilmagan farzand uchun yaxshi niyat, yorti mol, deb oldindan tanlab qoʻyilgan ismlarga oʻxshaydi. Biroq, stol atrofida oʻtirgan oʻn chogʻli kishi xuddi ertagayoq quriladigan aniq bir narsa haqida gap borayotganday jiddiy munozara qilishadi. Fayzulla Beknazarovich Sattorga stolning bir chetidan joy koʻrsatdi-yu, qizishib gapirayotgan qoʻngʻir soch yigitning soʻzini boʻldi:
— Grisha, shoshma, sen bir narsani tushun. Bu hali dastlabki reja. Hozir biz loyiha topshiriqlarining bir variantini tuzyapmiz.
— Ammo ish mana shu bosqichda puxta oʻylanmasa, keyin yaxshi boʻlmaydi.
— Toʻgʻri, lekin biz — ma’lum bir gʻoyaning ijrochilarimiz, xolos. Bizga vazifa berilgan. Loyiha metro qurilishining eng tejamli usullarini hisobga olib tayyorlanishi kerak. Yopiq usul bilan tunnelь qurish ochiq usulga nisbatan ikki barobar qimmatga tushadi. Ikki barobar! Shuning uchun moskvalik mutaxassislar trassaning koʻproq qismi ochiq usul bilan kuriladigan boʻlsin deyapti. Hozirgi ilk loyihada ochiq usul bilan quriladigan joylarni koʻproq koʻrsataveramiz. Keyin masala umuman hal boʻlganda hammasini boshqatdan tuzib chiqarmiz.
— Masala umuman yuqorida hal boʻladimi?
— Albatta!
— Unda metroning necha pulga tushishi oldindan koʻrsatib beriladi, shunga yarasha mablagʻ ajratiladi. Agar ochiq usulda quriladitan uchastkalarni biz hozirdan koʻp koʻrsatsak, keyin buni kamaytirish juda ham qiyin boʻladi. Chunki buni kamaytirish — xarajatni necha yuz ming soʻmga, balki bir necha millionga oshirish degan soʻz. Hukumat bunga yoʻl qoʻymaydi!

Sattor beixtiyor soʻnggi fikrga qoʻshilib, ichida «Toʻgʻri!» deb qoʻydi. Metroning bahsi uning parishon hayollarini bir joyga yigʻib, fikrini uygʻota boshladi. Anhor boʻyidan kaytganda koʻnglini xufton kilib turgan mavhum bir karaxtlik munozara shabadasidan asta-sekin tarqab ketdi-yu, bahsga sabab boʻlayotgan muammo uning koʻzi oldida gavdalandi.
— Mana bu talabingizga tushunaman, Sattor. Uy soʻrab bergan arizangizni ertagayoq yuqoriga koʻtarib chiqaman. Kelgusi oyda bizga uchta kvartira ajratishmoqchi edi. Shundan birini sizga olib bermaguncha qoʻymayman!

Beknazarov stolining ustida turgan qoʻngʻir charm muqovali kalendarь-daftarini ochib, ertangi kunning varagʻiga Sattorni yozib qoʻydi. Uning bu daftariga yozilgan ish bitmay qolmas edi. Ammo Sattorni hozir uy ham uncha qiziqtirmas edi. Bu uyda kim bilan turadi?

Beknazarov unga arizasini uzatdi:
— Oling, yirtib tashlang!

Sattor arizasini qaytarib olgisi kelmas edi. U yomon bir muvaffaqiyatsizlikdan oʻzini yoʻqotib, nima qilishini bilmay esankirab oʻtirgan odamga oʻxshar edi. Beknazarov uning arizasini qoʻliga zoʻrlab tutqazdi-yu:
— Agar juda qishloqqa chiqqingiz kelayotgan boʻlsa, — dedi, — uch-toʻrt kunga javob beray. Borib bir oʻynab keling. Boʻldimi endi?.. Boring, ertagacha haligi ishni bitiring-u, indin ketavering.

Shu oʻtirgan kishilarning toʻrttasi metro qurish tajribasi bilan tanishish uchun Moskva, Leningrad, Kiyev, Boku, Tbilisi shaharlariga komandirovkaga borib kelgan edilar. Bularning biri Sattor edi. U har ikkala usuldagi metro qurilishini koʻz oldiga keltirdi.

Yopiq usuldagi kurilish xuddi shaxtalardagi kabi yer ostida olib boriladi. Yer yuzidagi binolarda, shahar koʻchalarida odatiy hayot davom etaveradi. Odamlar yer ostidan metro trassasi oʻtayotganini sezmay ham qoladi. Ammo bu usul vaqtni ham, kuchni ham koʻp oladi.

Ochiq usuldagi qurilish xiyla arzonga tushishi va tezroq bitishi mumkin. Biroq, buning uchun shaharning yaqindagina sozlangan yashi koʻchalari yana qurilish maydoniga aylanishi kerak. Ekskavatorlar eni oʻttiz-qirq metr, chuqurligi oʻn-oʻn besh metr keladigan handaqlar qaziydi, behisob koʻp tuproq uyumlari Toshkentning quruq va issiq iqlimida chang-toʻzonga aylanib havoni qoplaydi. Ochiq usuldagi metro qurilishida kengligi salkam ellik metr keladigan «P» shaklidagi zoʻr kranlar relьs ustida u yoqdan-bu yoqqa yurib turib ishlaydi. Bu kranlarning harakat doirasida bironta ham tikkaygan daraxt, bironta ham butun koʻcha yoki bino qolmaydi.

Sattor hozir Fayzulla Beknazarovichga shuni aytib, stol ustidagi loyihaning bir joyini koʻrsatdi:
— Menga mana shu nuqtadagi yer osti kommunikatsiyalarining oʻrnini oʻzgartirish loyihasi topshirilgan edi, — dedi. — Men bor sxemalarni qarab chikdim. Keyin oʻsha joyni borib koʻrdim. Menimcha, bu yer ochiq usulda metro qurishga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi.
— Nega toʻgʻri kelmaydi? Bu yerda hech qanaka yirik inshoot yoʻq-ku!
— Lekin bu yerda yuz yillik chinorlar bor, ajoyib eman daraxtlari bor. Shaharning eng goʻzal, eng serdaraxt joylaridan biri shu. Men sanab chiqsim. Agar mana shu joyda qurilish ochiq usudda olib boriladigan boʻlsa, oʻttizta yaxshi chinor, saksonta zoʻr eman tag-tomiri bilan ketadi!

Keksa bir loyihachi Sattorga oʻychan koʻz tikib dedi:
— Hakikatan, qurilishga zoʻr berayotganimiz yaxshi-yu, lekin ba’zi joylardagi daraxtlarni saqlab qololmayotganimiz chatoq-da. Yunusobod tomonda qanday ajoyib tokzorlar, olmazorlar bor edi! Oqtepa mavzeini eslang! Chilonzorning oʻzi ham, atroflari ham qulf urib turgan koʻm-koʻk bogʻ-rogʻlar edi. Hammasining oʻrnida hozir koʻp qavatli binolar, devorlar-u, derazalar turibdi, xolos...
— Endi, agar har bitta daraxtni aylanib oʻtaman desak, umuman qurilish qilib boʻlmas edi, — dedi Fayzulla Beknazarovich. — Mana, markazda ehtiyot qilib saqlab qolgan daraxtlarimiz ham oz emas. Noiloj nobud boʻlgan daraxtlarning oʻrniga yangi nihollar oʻtqazyapmiz, hali kelajakda Toshkent yana ham koʻkalamlashib ketadi.

Shu bilan Beknazarov Sattorning fikriga ham qoʻshilmaganini bildirdi.
— Biroq men siz buyurgan loyihani chizishga qoʻlim bormaydi, Fayzulla Beknazarovich, — dedi Sattor. — Men siz aytganday chiziq tortsam, qoʻlim qaltiraydi. Qalamim boltaga aylanib, shunday goʻzal daraxtlarni bekorga qiyratayotganday boʻladi!
— Siz bunaqa nozik hislarga koʻp berilavermang, Sattor. Biz davlat ahamiyatiga ega boʻlgan loyiha ustida soʻz yuritayotirmiz. Biz ba’zi koʻchalar orqali ham metro trassasini ochiq usulda qurib oʻtmoqchimiz. Bu koʻchalarda ham daraxt bor, asfalьt buziladi, beton olib tashlanadi...
— Asfalьt buzilsa, yetti-sakkiz kunda qaytadan asfalьtlash mumkin, — dedi Sattor, — lekin mana bu chinorlar bilan emanlarni qaytadan oʻstirish uchun yetmish-sakson yil kerak boʻladi! Axir bu daraxtlar oʻtgan asrda ekilgan, yaxshi qaralsa, yana bir necha asr turishi mumkin!

Fayzulla Beknazarovich betoqat boʻlib soatiga qarab oldi:
— Oʻrtoqlar, biz bunday masalalarni oʻzimiz hal qilolmaymiz. Yuqoridan berilgan topshiriq bor.
— Boʻlmasa, men yuqorilarga oʻsha daraxtlar masalasini yozib beraman! — dedi Sattor.
— Ammo topshirilgan loyihani bitirib, keyin yozasiz!
— Mayli.

Sattor oʻz xonasiga oʻgib chiroqni yokdi. Soʻng charchab, boshi ogʻirlashib ketguncha ishladi.

Bugun Roziyaning anhor boʻyiga kelmaganligi, erta-indin kelish-kelmasligi ham ma’lum emasligi, umuman, u Sattordan voz kechib ketishi mumkinligi hali ham uning koʻngliga tikanday qadalib turar edi. Ish va horgʻinlik mana shu tikanni allanechuk oʻtmaslashtirayotganday, uning zahrini olayotganday boʻlar edi.

Toʻrt kungacha Sattor butun alamini ishdan olib kechalari ham qolib ishladi, oqshomlari esa anhor boʻyiga chiqishini qoʻymadi. Kun oʻtgan sari uning Roziyadan umidi uzilib borar edi. Oʻshanda Roziyaning uchrashishi istagi borligini sezib, ajrashib ketish unga ham ogʻir ekanini koʻziga yosh oqqanidan payqab: «Bir haftagacha har kuni kutaman!» deb yuborgan edi. Endi u oʻzining shunday deganidan hijolat boʻldi. Oilalik odam, Roziyaday qizga xomtama boʻlib, uni yana uchrashishga bu qadar koʻp da’vat etishi joizmidi? Sattorning bunga nima haqqi bor edi? Agar qiz uni unutolmasa, Sattorsiz yashay olmaydigan darajada yaxshi koʻrsa, oʻzi qidirib topmasmidi? Ertalablari hayoli tiniqroq paytda Sattor oʻziga-oʻzi: «Bugun oqshom chiqmayman, bas, baribir kelmaydi!» derdi. Ammo kun kech boʻlgan sari Roziyaning unga sevgi izhor qilib aytgan gaplari esiga tushaverar edi. «Eng muhimi — orada shunday muhabbat bor! — derdi u oʻziga -oʻzi. — Odamlar muhabbat yoʻlida nimalar kilmaydi! Balki Roziya bugun kelar, «Bir haftagacha» degan soʻzlar ogʻzingdan chiqdimi, endi shu gapingda turasan!».

Sattor kechgacha ikkilana-ikkilana, oxiri soat oltidan oʻtgandan keyin yana anhorga qarab ketardi.

Uning yoʻlida qaytadan qurilayotgan kvartiralar bor edi. Buzilgan uylarning qoldiqdarini samosvallar olib chiqib ketgan, ilgarigi hovlilar va yoʻlkalarning oʻrni omon qolgan daraxtlar tartibidan bilinib turardi.

Ba’zi daraxtlarning tanasini bulьdozer gʻajib oʻggan, ba’zilarining shoxlarini ekskavator sindirib ketgan. Ba’zilari butun boʻlsa ham, bu yerda omonat turibdi — loyihadagi qurilish boshlansa, noiloj olib tashlanadi.

Sattorning koʻnglidagi umid ham mana shu daraxtlarga oʻxshab goh yarim-yorti, goh omonat koʻrinar, goh hamma oʻzgarishlardan omon qoladiganday tuyulardi.

Beshinchi kun oqshom Sattor yana anhor boʻyiga kelgan edi, uzun boʻyli bir qiz unga yaqinlanshib salom berdi. Sattor uni qayerdadir koʻrganini eslab yuziga tikilib qaradi. Bu barvasta qiz Roziyaning dugonasi edi, hu oʻshanda stadiondan chiqqan bezorilar Roziya bilan birga kinoga kirmoqchi boʻlib oʻtirgan mana shu qizga ham osilgan edilar. Hozir bu qiz qoʻlidagi kitobning orasidan bitta konvert olib, Sattorga uzatdi:
— Roziya berib ketdi. Qechirasiz, — u Sattorga rahmi kelganday kilib qaradi: — Xayr!

Sattor «berib ketdi» degan soʻzdan yuragi «shigʻ» etib konvertni ochdi. Unda kichkina bir xat bor edi:

«Sattor! Siz istagan yoʻldan yurishga mening kuchim yetmas ekan. Bu xat yetib borganda men uzoq safarda boʻlaman. Alvido! R.»

Sattor birdan magʻlubiyatga uchragan odamday butun vujudi madorsizlanib ketdi. Qirgʻoq boʻyida keksa bir tol bor edi, shunga suyanib xatni yana bir oʻqimoqchi boʻldi. Ammo koʻz oldi xiralashib, harflarni durust ilgʻay olmadi.

Atrof ham allanechuk nursiz va begona boʻlib qoldi. Sattor koʻchalardan tusmol bilan oʻtib, yotoqxonaga qarab ketdi.

Ulkan shahar hamma chiroqlarini yondirgan. Koʻcha va maydonlarni toʻldirib yasan-tusan odamlar, rang-barang mashinalar yuribdi. Muzika sadolari eshitilyapti. Ammo bu shaharda endi Roziya yoʻq. Shuning uchun Toshkent ham Sattorga huvillab qolganday koʻrinadi.

«Siz istagan yoʻldan yurishga mening kuchim yetmas ekan...». Bu soʻzlar Sattorga haddan tashqari silliq va sovuq tuyuddi. «Bahona!» degan alamli soʻz hayolidan oʻtdi. — «Sen menga munosib emassan!» — deb ochiq aytolmay shuni oʻylab topgan! Albatta, koʻr-koʻrona uylanib qoʻygan menday qishloqi uchun Roziyaday kiz oʻzini fido qilarmidi? Toshkentdan ketibdi... Uzoq safarda, meni tezroq unutish uchun ketgandir. Xa, ha!».

Sattorning oʻzi ham Roziyani unutishga intila boshladi. Biroq Toshkentda hamma narsa, — hatto uyqusiz tunlarda chizgan metro loyihalari ham unga Roziyani eslatardi. Roziyaning oldida magʻlubiyatga uchragani bir lahza ham hayolidan nari ketmasdi. Roziya har esiga tushganda qalbidagi ochiq yara bir yangilanar, Sattor kunu tun oʻzini ezayotgan ichki azobdan qutulish uchun biron yoqqa bosh olib chiqib ketgisi kelar edi.

Aksiga olib, uning eman va chinorlarni saqlab qolish haqidagi taklifi ham ma’qul koʻrilmadi. Hisoblab qaralsa, bu daraxtlar juda qimmatga tushar ekan. Ortiqcha hisoblangan bu xarajatning mas’uliyatini hech kim boʻyniga olishni istamas edi. Sattor shuni eshitgan kuni Fayzulla Beknazarovichning kabinetiga ariza koʻtarib kirdi.

Beknazarov telefon trubkasini olib, nomer termoqchi boʻlayotganda arizadagi «ishdan boʻshatishingizni soʻrayman» degan soʻzlarga koʻzi tushdi-yu, Sattorga taajjublanib tikildi:
— Biron hodisa boʻldimi? Rangingiz sargʻayib ketibdi.
— Charchagan boʻlsam kerak.
— Nega boʻshamoqchisiz?
— Toshkentdan ketmoqchiman.
— Iye! Qayoqqa ketasiz?
— Qishloqqa.

Fayzulla Beknazarovich trubkani «shaq» etib joyiga qoʻydi.
— Agronom, vrach yo oʻqituvchi boʻlganingizda bu xohishingizni tabriklagan boʻlar edim. Lekin siz Toshkentda, katta shaharning yer osti kommunikatsiyalarini loyihalayotgan injenersiz. Sizni davlat maxsus mana shu ishga oʻqitgan. Qishlokda nima qilmoqchisiz?
— Topilar biron ish.
— Buni durustroq oʻylab ham koʻrmabsiz chamasi? Tavba! Bir xil odamlar bor, shaharda ishi yurishmasa, darrov qishloqqa chopadi. «Qishloqda qiyinchilik koʻproq, men qiyinchiliqdan koʻrqmay ketyapman!» — demoqchi boʻladi. Qishloqqa joʻnashi bilanoq goʻyo obroʻsi oshadi. Nima, shaharda qiyin ishlar ozmi? Zilziladan keyin Toshkentni qayta qurish osonmidi? Bu ish hali bitmasdan, biz, mana, metro qurish orzusida yuribmiz. Shu masalada sizni komandirovkaga yubordik. Koʻp narsani oʻrganib kelgan ekansiz, hozir yaxshi takliflar beryapsiz.
— Oʻtmaydigan takliflar... — deb Sattor ma’yus kulimsirab qoʻydi.
— Ha, endi, biri oʻtmasa, biri oʻtyapti. Haligi uchta tashkilotning boshini qoʻshib, yagona kommunikatsiya qurish masalasi siz aytganday hal boʻldi. Tagʻin nima deysiz?
— Bunisi yaxshi boʻpti.
— Sabr qilsangiz, oʻsha chinorlarni ham saqlab qolamiz. Bizning loyihalar Moskvada koʻriladi. Iloji boʻlsa, siz ham borasiz. Yopiq usulda quriladigan uchastkalarni bizga faqat Moskva koʻpaytirib bera oladi.
— Kim biladi hali... — deb Sattor yelkasini qisdi. Hozir uning ruhi tushib, dunyosi qorongʻi boʻlib turgan paytda, «metro quriladi» degan gap ham unga ushalmaydigan bir orzu boʻlib tuyulmoqda edi.

Fayzulla Beknazarovich uning bundan bir hafta oldin metro qurilishiga shubhasiz ishonib yurgan paytlarini esladi.
— Juda oʻzgarib ketibsiz-a! — dedi. — Yo haligi... biz kafeda koʻrgan qiz...

Fayzulla Beknazarovich «oʻzgartiryaptimi» degan savolni berishga tili bormay, Sattorga hazilomuz kulib qaradi.

Sattor buning kulib gaplashadigan yengil gap emasligini aytgisi kelib, ogʻir tin oldi:
— Fayzulla aka, men ketishim kerak. Menga javob bering!
— Men sizga javob berish uchun sababini bilishim kerak.
— Sababini aytdim. Qishlogʻimga qaytmoqchiman.
— Yana «qishlogʻim» deysiz-a! Nima, bizning peshanamizga faqat qishloq bitilganmi? Mana, men ham qishloqdan chiqqanman. Shuning uchun men ham qaytib ketishim kerakmi?
— Men faqat oʻzimni aytyapman, Fayzulla aka!
— Xoʻp, siz oʻzingiz nega ketishingiz kerak? Men davlat topshiriqlarini sizsiz bajara olmayman! Nega endi javob berishim kerak?..
— Chunki men... Toshkentda yashashga loyiq emasman! Sattor shunday dedi-yu, birdan xoʻrligi kelib oʻpkasi toʻldi. Fayzulla Beknazarovich kafeda Sattor bilan birga oʻtirgan chiroyli qizni yana bir esladi-da, yigitning boshiga qanday savdo tushganini sal-pal fahmlaganday boʻldi.
— Sattor, agar sizga birov shunday degan boʻlsa, bekor aytipti!
— Gap birovning aytganida emas. Men oʻzim... ikki jahon ovorasi boʻlib juda toʻyib ketdim! Bu yerda uyim boʻlmasa, oilam boʻlmasa!..

Fayzulla Beknazarovich Sattorning oilasi hali ham qishlokda yashashini, u koʻp marta uy soʻrab murojaat qilganini esladi. «Bu ketishda biz ham yosh bir oilaning buzilishiga sabab boʻlamiz!» degan oʻy koʻngliga tahlika solib oʻtdi.

9

Gʻoʻza oʻtogʻiga chiqqan Oyshaxon kechki payt boshiga bir bogʻ oʻt qoʻyib uylariga qaytdi. Bostirmaga shoxidan bogʻlab qoʻyilgan targʻil sigir arqonni uzgudek boʻlib tortib, Oyshaxonga qarab intildi.

Hovliga kiraverishdagi eski uyda Oyshaxonning qay-nanasi Xosiyat xola qurt tutgan edi. Xosiyat xola qurtxonadan gʻana olib chiqayotib keliniga koʻzi tushdi:
— Hay, Oyshaxon, men sizni barg olib kelasiz deb oʻtiruvdim-a! Bu qurtlarga barg yetkazolmay oʻlib boʻldim...
— Ayajon, men brigadirga aytganman, aravada barg yuboradigan boʻlgan. Sigir ham och turipti-da, qarang.

Oyshaxon bostirmaga kirib, botsshdagi oʻtning yarmini sigirning oldiga tashladi, qolganini bir chetga eltib koʻymoqchi boʻlib quchogʻiga oldi.

Shu payt darvozadan chamadon koʻtargan Sattor kirib keldi. Uni birinchi boʻlib koʻrgan Xosiyat xola:
— Voy, bolam keldi, Sattorjon keldi! — deb quchogʻini yozib oʻgʻliga tomon yurdi.

Oyshaxon eriga oʻgirilib qaradi-da, quchogʻidagi oʻtni darrov yerga tashladi.yosh boladay chopib Sattorga peshvoz chiqdi.

Xosiyat xola oʻgʻlini quchoqlab, yuzidan, peshanasidan oʻpmoqda edi.

Oyshaxon ularga yaqinroq borganda Sattorning oppoq neylon koʻylagiga, qoshikdek xushbichim tuflisiga, shaharcha qirqilgan chiroyli sochi va tiniq yuziga, boshdan-oyoq hamma yogʻi ozoda ekaniga koʻzi tushdi. Shunda u oʻzining hozirgina daladan kelganini esladi. Kuni bilan oʻt yulib barmoqlari tirnalgan, oʻtning yashili enib qolgan qoʻllari yuvilmagan edi... Oyshaxonga oyogʻidagi kirza etigi endi ogʻirlik qilganday boʻldi. U Sattorga yoʻlay olmay, uch-toʻrt qadam berida toʻxtadi, qoʻlini orqasiga qilib, uyalib-tortinib soʻrashdi:
— Eson-omon keldingizmi, Sattorjon aka! Uch oydan beri yoʻlingizga qaraymiz! Ishlaringiz yaxshimi? Muxtor sizni juda sogʻindi... Xat ham yozmaysiz...
— Ish koʻp. Qalay, durustmisizlar?
— Shukur, toʻrt koʻz tugal. Muxtor, chop dadang keldi! Yuz-koʻzi Sattorga juda oʻxshab ketadigan toʻrt yashar bolacha ariq boʻyida oqizoq oʻynab yurar edi. U ham oyi-siga oʻxshab avval yugurib keldi-yu, keyin dadasiga yaqinlasholmay Oyshaxonning pinjiga tiqildi.
— Dadang bilan koʻrish, axir! — dedi buvisi kulib. Muxtor oyisining panasiga oʻtib, uning koʻltigʻi tagidan dadasiga moʻralab qarar edi.
— Bor, dadangni achom qil! — dedi Oyshaxon uning ustiga engashib.

Ammo oyisi qilolmagan ishni Muxtor uddalay olmadi. U koʻpdan beri dadasini koʻrmay undan juda uyaladigan boʻlib qolgan. Bundan tashqari, Sattor bilan Oyshaxonning orasida qandaydir sovuqlik borligini bola ham sezadi. Bu sovuqlik koʻproq dadasidan chiqayotganday boʻladi, shuning uchun Muxtor Sattordan begonasiraydi.

Oxiri Sattor oʻzi ona-bolaga yondashdi, Muxtorning boshini silab, yelkasiga sekin urib-urib qoʻydi. Shunda uning ochiq bilagi Oyshaxonning qoʻliga tegib ketdi. Shu birgina tegish Oyshaxonga erining quchib erkalashiday yoqimli tuyuldi. Sattor esa Oyshaxondan ter xidi kelayotganini sezdi. Xotinining boʻynida ter bilan birga qotgan kir chiziqlari koʻziga juda xunuk koʻrindi.
— Oyshaxon shu topda daladan keluvdi! — dedi Xosiyat xola kelinini oklamoqchi boʻlganday.

U kelini bilan oʻgʻlining hovli yuzida oʻzlarini vazmin tutib soʻrashganlarini, achomlashib koʻrishmaganlarini odobdan deb biladi, juda ma’qul koʻradi. Biroq Sattor bilan Oyshaxonning orasidagi farq borgan sari ulkanlashib ketayotgani uni xavotirlantiradi. U Sattorning koʻz qarashidagi noxush ma’noni payqab:
— Kelinimdan aylanay, kolxozning ishini ham oʻrinlatadi, uy ishini ham, — dedi. — Ertayu kech tinmaydi. Oyshaxonning hammadan rahmat olyapti, bolam! Mana 6u hovlidagi gullarga, rayhonlarga qara. Kim kelsa kelinimning gulchiligini maqtab ketadi.

Ayvondan berida, ariq boʻyidaga soʻri atrofida hafsala bilan oʻstirilgan turli-tuman gullar, sadarayhonlar chindan ham kishining koʻzini quvontirar edi.
— Sattorjon aka, bultur mana bu oq atirgul sizga juda yokqan edi-ya, esingizdami? Bu yil qalamcha qilib koʻpaytirib, payvand qilgan edim, hammasi binoyiday oldi.
— Yaxshi, — dedi Satgor ovoziga kuvnoq ohang berishga tirishib. Lekin uning yuzi va koʻzlaridagi ma’yuslikni Oyshaxon koʻrib qoldi.
— Yoʻlda charchagandirsiz, ichkari salqin, kirib dam oling...

Oyshaxon uning jajji chamadonchasini yerdan olib, shifer bilan yopilgan oʻz uylariga tomon yurdi. Ammo Sattor hozir uyga u bilan yolgʻiz kirishni istamas edi. Ariq boʻyida, sadaning soyasida turgan soʻrini koʻrsatib:
— Ochiq havo durust, — dedi.
— Xoʻp, mana, hozir!

Oyshaxon birpasda soʻriga joy qilib, dasturxon yozdi. Xosiyat xola oʻchoq boshida choy qaynatmoqda edi. Sattor hovlidagi anjir, shaftolidan uzib, uch-toʻrttasini yuvib yedi, choydan bir-ikki piyola ichdi. Soʻng Oyshaxon ovqatga unnaganda uyga kirib kiyimlarini almashtirdi, sochiqni yelkasiga tashlab, hovlidan chiqdi.

Ularning hovlilari daryo boʻyida, qirgʻoqning balandroq joyida edi. Oftob endi botgan, sargʻish-qizil shafaq yorugʻida daryoni toʻldirib yoyilib oqayotgan ulkan suv juda ulugʻvor koʻrinar edi. Sharqdagi qorli togʻlar ortida ufq qoraya boshlagan. Togʻ bilan daryo oraligʻidagi yam-yashil dalalar, serdaraxt qishloklar va qoʻngʻir adirlar oqshomgi soyalar ogʻushida benihoya keng koʻrindi. Sattor oʻzini qiynayotgan qarama-qarshi hislarni shu kengliklarga yoyib yubora olsa koʻnglining chigali yoziladiganday boʻladi. Bu ulkan kengliklar oldida uning hayolini band qilib turgan chigal oʻylari kichik va ahamiyatsiz boʻlib qolishini istaydi.

Biroq uning butun borligʻi hali ham Roziya bilan, uning visoli-yu hijroni bilan band. Roziya uygʻotgan hislar va undan qolgan xotiralar mana shu kengliklarga ham sigʻmaydiganday tuyuladi. Sattor Roziyadan umidini uzishga intiladi. Uni unutishda oila yordam berar degan ilinj bilan kishloqqa kelgan. Hozir hayolan onasi tomonda turib, Oyshaxonni maqtashga tirishadi: «Shunday mehribon, mehnatkash juvon, shuncha yildan beri yoʻlingta qarab oʻtiribdi. Yana nima kerak? Sen qoʻlning kiriga-yu, ter hidiga bu qadar z’tibor berasan, oʻzing asilzodamisan? Mehnat nimaligini bilmaysanmi? Bir suv bilan yuvilib ketadigan narsalarga ichi qora odamlargina bunchalik ahamiyat beradi. Oyshaxonning qalbi toza, u senga jonini fido qiladi!».

Sattorning aqli aytib turgan bu gaplarga qalbi quloq solmaydi. Uning Oyshaxonga yuragi «jiz» etmaydi. Oyshaxon ham vaqtida koʻpgina qishloq yigitlarini maftun qilgan xushbichim qiz boʻlgani uning esiga tushadi. Yangi uylangan yili Sattorning Oyshaxonga ehtiros bilan intilgan paytlari koʻp boʻlar edi, «ishq» degani shudir-da!» deb oʻylar edi. Ammo buning oʻtkinchi bir ehtiros ekanini, haqiqiy sevgi boshqacha boʻlishini Sattor endi bilmoqda edi. Oyshaxon uni yaxshi koʻrishi har bir harakatidan koʻrinib turibdi. Ammo, Sattorning oʻzida muhabbat boʻlmagani uchun Oyshaxonning mehri unga malol keladi. Bu mehrdan u oʻzini beixtiyor olib qochadi. Bir chekkasi shuning uchun hozir hovlidan chiqib, daryoga choʻmilgani keldi.

Oyshaxon esa buning hammasini er kishiga xos vazminlik belgisi deb biladi. U Sattorning koʻnglini olishga harakat qiladi. Xosiyat xola:
— Oshni men damlay, — dedi. — Siz uyingizni yigʻishtiring, oʻzingizga ham qarang, bolam. Hali zamon yori doʻstlari Sattorjonni yoʻqlab keladi.
— Xoʻp, ayajon!

Oyshaxon shosha-pisha uyga kirdi, Sattor yechib ketgan oq koʻylak bilan kulrang shimni oynaband shkafga avaylab osib qoʻydi. Sattorning oʻziga qoʻl tegizishdan iymangan Oyshaxon endi uning kiyimlarini bagʻriga bosgisi kelar edi. Daxlizda Sattorning ikki poy tuflisi ikki joyda yotgan ekan. Oyshaxon ularni juftlab changini artib, tokchaga olib qoʻydi.

Sigir sogʻadigan payt boʻlgan edi. Buzoq daryoga yaqin oʻtloqqa arqonlab qoʻyilgan edi. Oyshaxon hovliga chiqqanda Xosiyat xola:
— Buzoqni men olib kelaymi, — dedi.
— Yoʻq, ayajon, siz oshni qilavering, men oʻzim olib kelaman.

Sattor daryoning qayerida choʻmilishini Oyshaxon biladi. Buzoq arqonlagan joydan daryoning oʻsha joyi yaxshi koʻrinadi. Oyshaxon erini necha oydan beri kutib yurib, juda sogʻingan, uni dam-badam koʻrgisi keladi. U buzoqni yechib olar ekan, daryo chetida quloch otib suzayotgan Sattorga bolalarcha bir maroq bilan tikilib-tikilib qaradi. Shu topda u oʻzi ham maza qilib choʻmilayotganday zavqlanib kulimsirar edi.

Oʻgʻilchalari Muxtor ham daraxtlarning panasida turib, dadasining suvda suzishini tomosha qilayottan ekan. Sattor suvdan chiqayotib uni va narirokda buzoqni arqonidan ushlab bu yokqa qarab turgan Oyshaxonni koʻrib qoldi. Ona-bolaning tomoshabinligi Sattorga allanechuk noxush tuyuldi. U ensasi qotganday boʻlib Muxtorga yuzlandi:
— Nega baqrayib turibsan? Choʻmilmoqchimisan? Qani, kel!

Bola uyalib oyisiga qarab qochdi. Oyshaxon oʻgirilib, Sattorning badanini koʻrdi, erining kelishgan qaddi-qomati va tanish jozibasini his qilib, yuragi «jigʻ» etib ketdi. Tovushi allanechuk titrab:
— Ehtiyot boʻling, bu yil daryoda suv koʻp! — dedi. Shu bilan u oʻzining Sattorga mahram ekanini va erini tergashga ham haqi borligini aytganday boʻldi.

Agar Oyshaxonning oʻrnida Roziya boʻlganda, Sattorga uning oʻgirilib qaragani ham, tergagani ham benihoya yoqar edi. Biroq Oyshaxonning mahramligi Sattorning gʻashini keltirdi. U xotiniga javob bermay qovogʻini solib suvga qaytib tushdi.

Sattor oʻzida Oyshaxonga nisbatan sof muhabbat tuygʻusi hech qachon boʻlmaganini yana ogʻrinib his qildi. Xali koʻzi ochilmagan paytda oxirini oʻylamay uylanganligi hozir unga umrbod tuzatib boʻlmaydigan bir bukrilik boʻlib tuyular zdi. Bukrilikni daryo yuvib ketishi mumkindek, Sattor oqin suvda holdan toyguncha suzdi. Soʻng a’zoyi badanida karaxtlikka oʻxshash bir osudalik his qilib, gʻira-shira qorongʻilikda uyga qaytdi.

Bu orada Oyshaxon ham yuvinib, taranib, kiyimlarini almashtirib olgan edi. Egnida gulobi rang krepdeshin koʻylak, koʻk baxmal nimchasi koʻkragini boʻrttirib, belini xipcha qilib koʻrsatadi. Ikki oʻrim uzun sochlari yurganda taqimiga urilib toʻlgʻanadi. Oyogʻida yengil shippak. Qadam olishi, quvnoq chehrasi bugun Oyshaxon uchun bayram ekanini aytib turiyudi.

Sattorni koʻrishga kelgan yoru birodarlari ham Oyshaxonni tabriklashadi:
— Qalay, xoʻjayin kelib xursand boʻlib qoldingizmi?
— Rahmat, xush kelibsizlar!..

Ayvonga joy qilingan, dasturxon yozilgan edi. Xosiyat xola qoʻshnining oʻgʻilchasiga pul berib, magazinga yuborgan ekan, uch-toʻrt shisha ichkilik ham keldi.
— E, bormisiz, Xosiyat xola! — deb moʻylov qoʻygan yigit xursand boʻlib shishalarni dasturxonning bir chetiga terdi. — Men sizga qoyilman. Tushungan onalardansiz-da!
— Ha, hozir shu oʻlgursiz mehmon kutib boʻlmasligini tushunib qolganmiz! — kuldi Xosiyat xola. — Osh boʻlsin, xursandchilik qilinglar. Sattorjonni mast qilib qoʻymasalaring boʻldi!
— E, bugun Sattor ichmasidan mast! — dedi moʻylovdor yigit. — Toʻygan qoʻziday boʻlib oʻtirishini qarang!

Gur-gur kulgi Sattorni ham oʻz oqimiga boʻysundirib, kayfini koʻtara boshladi. Moʻylovdor yigit hozir kolxozda aravakash edi. Sattor shunga ishora qilib:
— Quruq opqochasan-a, Yoʻldosh, — deb qoʻydi.
— Aravanimi? — soʻradi Yoʻddosh. — Minadigan odam topilmayapti, topilsa shotisiga mindirib ham opqochar edim!

Askiya boshlanib ketdi. Sattor bundan besh yil burungi toʻy kechasini esladi. Oʻshanda Yoʻldosh uning kuyov joʻrasi edi. Sattor undan har xil askiyalar, latifalar eshitaverib, juda tashna-yu betoqat boʻlgan edi. Sattorning oʻshandagi tuygʻulari yana qaytib kela boshladi. Ikki-uch qoʻl ichilgandan keyin, unga boya bukrilik boʻlib tuyulgan narsa tekislanib ketganga oʻxshadi. U nozik hislardan batamom qutulishni istardi, aroq va askiya bunga yordam berishini payqab:
— Yoʻldosh, kosaguli boʻlsang durustroq quy, badan jimillaydigan boʻlsin! — dedi.
— Men quyaman, sen shaharda eshitan haligidaqa... qiziq gaplardan olasanmi?

Sattor atrofiga qarab, gaplarini ayollar eshitolmasligiga qanoat hosil qildi-da:
— Boʻpti! — dedi.

Oyshaxon ularning soʻzini eshitmasa ham, shirakayf kulgilaridan gap nima hakda borayotganini taxmin qilmoqda edi. U mexmonlarning tezroq tarqalishini va Sattorning bir oʻzi qolishini istardi.

Nihoyat, Sattor mehmonlarni kuzatib hovlidan chiqdi. Ular koʻchada ham ancha vaqt chaqchaqlashib turishdi. Bu orada Oyshaxon ayvondagi dasturxonni apil-tapil yigʻishtirdi. Muxtor soʻrida uxlab qolgan edi, uni uyga olib kirib yotqizdi. Soʻng bir vaqtlar eri xush koʻrgan tungi ipak koʻylagini sandikdan oldi-da, chiroqni oʻchirib, koʻylagi tagidan uni kiydi. Oyshaxon chiroqni yana yoqib, toʻshak ustiga oppoq choyshab yozayotganda Sattor kirib keldi.

Oyshaxon yosh qizchaday uyalib, koʻzlarini eridan olib qochdi. Kayfi ancha oshib qolgan Sattor xiyol gandiraklab unga yaqinlashar ekan:
— Oysha, bilaman, sen meni yaxshi koʻrasan! — dedi. — Sen mening peshanamga bitilgan ekansan! Sen...
— Shoshmang, eshikni yopay!.. Sattorjon aka hozir... Oyshaxon eshikni yopib, chiroqni oʻchirdi.

* * *

... Katta bir maydonda osmonga otilib turgan fontanning suvi siyohday qoramtir koʻrinadi. Fontan atrofida oʻn qavatlimi, oʻn besh qavatlimi, ishqilib, juda baland binolar bor. Shu binolardan birida eng yuqorigi qavatning ochiq derazasida Roziya koʻrindi. Sattor yerda, ora uzoq. Shunday boʻlsa ham, Roziya havo rang kimono koʻylak kiyganini Sattor aniq koʻrdi. Sattor uning yelkasigacha ochiq turgan nafis bilagidan olmoqchi boʻddi. Ammo Roziya uzoqda edi, qoʻllarini pastga yordam soʻraganday qilib choʻzdi. Bir qoʻlida allanarsa yiltiradi. Kalitmi?

Sattor tezroq unga yetib bormoqchi boʻlib chopdi. Shu payt yer ostidan bir balo gumburlab, binolar ustma-ust silkinib, zilzila boshlanib ketdi. Sattor jon holatda qochmoqchi boʻldi. Ammo larzaga tushtan yer uni qadam bosgani qoʻymay u yokdan-bu yoqqa otar edi. Sattor dahshat ichida Roziya turgan yuqorigi qavatga qaradi. Boya Roziya turgan derazada endi Oyshaxon paydo boʻldi. Baland bino qattiq lapanglab, yukorigi qavati chang-toʻzon koʻtarib quladi. Oyshaxonmi, Roziyami buzilgan devor gʻishtlariga, deraza taxtalariga aralashib pastga uchib ketdi. Boshqa bir ulkan devor toʻgʻri Sattorning ustiga qulab tushmokda edi. Sattor:
— A-a-a! A-a-a! — deb ustma-ust baqirdi-yu, oʻz ovozidan oʻzi uygʻonib ketdi. U vahima ichida oʻrnidan sapchib koʻtarilgan, hozir toʻshakda sovuq terga botib, titrab-qaltirab oʻtirar edi.

Oyshaxon ham uygʻonib ketdi.
— Voy, nima boʻldi, Sattorjon aka, nima boʻldi? — deb uyqu aralash uni yelkasidan quchoqladi.
— Tushimda... zilzila... — dedi Satgor zaif tovush bilan va Oyshaxonning quchogʻidan yelkasini boʻshatib oldi.
— Qurib ketsin bu Toshkent zilzilasi, hech esingizdan chiqmaydi-ya. Oʻshanda yomon qoʻrqqan ekansiz-da.

Oyshaxon toʻshakning bosh tomoniga sovuq choy qilib qoʻygan edi. Koʻlini choʻzib choynakni topdi-yu, qorongʻida piyolani topolmadi: Mang, joʻmragidan icha qoling.

Hamma yoq tinch, osuda. Pastdan tungi daryoning bosinqi shovillashi eshitiladi. Hovlida hasharotlar bir qiyomda chirillaydi. Sattor yaxnani ichayotganda choynak qopqogʻining shiqirlashi ham tun sukunatini ta’kidlaganday boʻldi.

Sattor yostiqqa qaytib bosh qoʻyar ekan, boʻlib oʻtgan qoʻrqinchli voqeaning tush ekanligini oʻylab, sal yengil tortdi, «Xayriyat!» degan soʻz koʻngliga iliq tegdi. Ammo uning ogʻzi taxir, a’zoyi badani oqshomgi aroqdan tirishib, zirqirar edi. Ichib olib aytgan gaplari va qilgan qiliqlari esiga tusha boshladi. Uyqusi qochib, oʻziga-oʻzi jirkanch koʻrinib ketdi.

Oyshaxon birpasda yana uxlab qoldi. Sattor boshqa uxlay olmadi, oʻrnidan turib sekin kiyindi-da, hovliga chikdi. Koʻrgan tushining dahshati koʻz oldidan nari ketmas edi. Nazarida, Roziyaga bir gap boʻlgan yoki boʻladi. Qulagan devorning derazasidan Oyshaxon ham koʻringan edi-ku?

Sattorni oldinda yomon bir falokat kutayotganday koʻngli bezovta. U oʻzini gunohkor sezadi. Vujudi boʻshashgan, ta’bi kir. Hali Oyshaxon uygʻonsa u bilan qanday yuz koʻrishishini, qanday gaplashishini bilmaydi.

Tong boʻzarganda Sattor koʻchaga chiqib ketdi.

10

Qishloq yozda erta uygʻonadi. Hali ufq sargʻaymasdan moʻrilarda tutun paydo boʻladi. Hovlilardan sigir sogʻayotgan ayollarning tovushi keladi, dalalarda tuni bilan gʻoʻza sugʻorgan dehqonlarning sharpasi koʻrinadi, koʻchalardan mashina va aravalar chang koʻtarib oʻtadi.

Sattor tong sahardan beda tashishga chiqqan Yoʻldoshning avtokachkasiga minib, bedazorga bordi. Soʻng avtokachkaga tom boʻyi qilib ortilgan yumshoq yoʻngʻichqa ustida yonboshlab yotib qishloqqa qaytdi.

Tagidagi yoʻngʻichqaning yoqimli hidi Sattorga uylanmasdan oldingi begʻam, betashvish oʻsmirlik yillarini eslatar edi. Tepadan unga tanish koʻchalar, tanish uylar, dalalar bir-bir koʻrinib oʻtardi. Hoʻ narigi katta yoʻl asfalьt boʻlibdi, atrofiga bir kator yangi uylar tushibdi. Bolalikda Yoʻldosh ikkovi mol boqib yurgan qoʻriqlarga ham paxta ekilibdi. Oldinda sargʻish rashta boʻyalgan maktab binosi koʻrindi. Sattor ma’sum oʻquvchilik yillarini eslab, buning endi hech qachon qaytmasligini oʻyladi-yu, yuragi ezildi. Koʻnglida yana bugun yomon tush koʻrib uygʻongandagi xiralik va gʻashlik paydo boʻldi.

Bir payt Yoʻldosh tizginni ikki qoʻllab tortib, avtokachkani toʻxtatdi-da, Sattorga oʻgirildi:
— Rais turibdi. Tushib koʻrishmaysanmi?

Sattor qaddini koʻtarib pastga qaradi. Ariq boʻyida yer kovlaydigan va tuproq suradigan qizil traktor yonida yashil gazik koʻrindi. Narirokda sariq shohi kitelь va qoʻngʻir brezent etik kiygan rais bir-ikkita odamlar bilan gaplashib turibdi. Oʻttiz besh yoshlardagi bu miqti yigit Oyshaxonning togʻasi. Sattor qishloqqa har kelganda uni maxsus borib koʻrar edi. Bu gal uni shu yerda koʻrib oʻtgisi keldi-yu, avtokachkadan tushib qoldi.
— E, Sattormisan? — deb rais u bilan iliq soʻrashdi: — Sen ham beda tashib yuribsanmi? Qachon kelding?
— Kecha. Hormangizlar endi!
— Ha, mana vodoprovodni ariqning tagidan qanday olib oʻtishning maslahatini qilyapmiz. Ishimiz kimyolashib, dori koʻpayib ketdi. Qishloqchilik, ariqlar hammasi ochiq. Odamlar suvni vodoprovoddan ichmasa boʻlmay qoldi.
— E, juda toʻgʻri!

Sattor qishloqqa oʻtgan gal kelganida vodoprovod loyihasining u yoq-bu yoqlarini koʻrib, ba’zi nozikroq joylariga aniqlik kiritib bergan edi. Quruvchilarning brigadiri unga shuni eslatdi:
— Quvurni mana bu ariqdan ham oʻsha siz chizib bergan sxema bilan olib oʻtmoqchimiz.
— Toʻgʻri kelyaptimi axir?
— Sxema yaxshi, lekin material yetishmayapti.
— Beri kel, — deb rais Sattorni bilagidan olib chetroqqa chiqardi: — bu brigadir boʻshroq chiqib qoldi. Hali quvur topolmaydi. Hali joʻmrak yoʻq, hali u, hali bu. Mayda-chuydalar jonga tegdi. Sal yordam bersang-chi!
— Men ham shu... topogʻonliqda yoʻqroqman.
— E, qoʻysang-chi. Shunday katta dargohda ishlab yuribsan. Toshkentda tanishlaring koʻp.

Sattor miyigʻida kulib, yerga qaradi:
— Mayli, ta’minot boʻyicha ishlaydigan odamlarin-giz Toshkentga borganda kirishsin. Qoʻlimdan kelsa jo-nim bilan...

Rais Sattorning oilasi toʻgʻrisida ham gap ochmoqchi boʻldi-yu, ammo yoʻl ustida buni oʻziga ep koʻrmadi.
— Bir kelgin. Gaplashamiz, — dedi-da, mashinasiga oʻtirib joʻnab ketdi.

Sattor uyga qaytayotib yoʻl-yoʻlakay Roziyani va u bilan boʻlgan soʻnti uchrashuvni eslab ketdi. Oʻshanda Roziya «ha» desa hozir shu kunlarda Sattor Oyshaxon bilan oʻydi-chiqdi boʻlib yurarmidi? Unda Oyshaxonning butun qarindoshlari, shu jumladan, mana bu miqti rais Sattorga qanchalik qahru gʻazab bilan qaragan boʻlishardi... Onasi Xosiyat xolaning ahvoli nima boʻlar edi? Burnogʻi yil Sattorning otasi oʻlgandan beri kampir hiyla choʻkib, munkayib qolgan, Sattorning imoratsoz usta akasi rayonga koʻchib ketgan, singlisi koʻshni qishloqqa tushgan. Xosiyat xola hozir kichik kelini Oyshaxonga suyanib yuribdi.

«Harakat kilib, murosa yoʻlini tutish kerak, taqdirda bori shu boʻlsa, ilojim qancha!» degan oʻy bilan Sattor hovliga kirdi.

Oyshaxon bugun brigadirdan javob olib, uyda qolgan, allaqachon nonushtani tayyor qilib, Sattorni kutib oʻtirgan edi.
— Voy, Sattorjon aka, qayoklarda yuribsiz? Siz yaxshi koʻrasiz deb achchiq mastava qilgan edim... Keling tezroq!

Oyshaxon juda ochilib ketgan, koʻrinishi quvnoq. Ertalabdan qoshlariga oʻsma qoʻyishga ham ulgurgan. «Men ezilgan sari bu yayraydi! — ichi muzlab oʻylandi Sattor. — Nahotki hech narsani sezmasa?!»
— Ayam qani? — bugʻiq ovoz bilan soʻradi u.
— Ayam hali choy ichib oldilar, och yurishga chidamlari yoʻq. Hozir qurtxonadalar. Chiqing ayvonga, men mastavani quyaman.

Saggor Oyshaxon bilan yuzma-yuz oʻtirib, xoli suhbatlashishga toqati yetmasligini sezdi.
— Sen qoʻyaver, men ayamni chaqkiraman, — deb qurt tutilgan xonaga kirdi.

Bir vaqtlar chol-kampir turganda devorlariga naqshlar solingan sertokcha uy hozir qavat-qavat soʻrilar bilan toʻlgan. Eshik-derazalar yopiq, ichkari dim. Ipak qurti issiqni yaxshi koʻradi. Hamma yoqdan xuddi yomgʻir shitir-shitiriga oʻxshaydigan shitirlash eshitiladi. Barg va novdalar orasida oʻrmalab yurgan behisob oq qurtlar tinmay yaproq yeydi. Xosiyat xola ularga ovqat yetkazib berolmay ovora.
— Hormang!
— Sattorjon, kel, bolam.
— Qani, yuring, oʻzingiz ham ovqat yeng.

—Aylanay sendan, menga ilindingmi? Hozir, yerga tushgan anu juvonmarglarni olib qoʻyay. Bular kechki-da. Reja bajaramiz deb boqyapmiz. Boʻlmasa saraton kirdi-ya!

Xosiyat xola qoʻliga kurak oldi. Soʻrining tagiga tushib ketib, yerda gʻivirlab yotgan uch-toʻrtta qurtlarni supurgi bilan avaylab kurakka oʻtkazdi-da, soʻridagi barglar ustiga chiqarib qoʻydi.
— Hozir bularning uygʻongan payti, bolam, — deb tushuntirdi Xosiyat xola oʻgʻliga. — Ishtahalari karnay. Jaydari tutning bargidan qancha bersang yeydi. Bargi katta allambalo tut bor-ku?
— Yapon tutimi?
— Ha, uni koʻp suymaydi. Uni zoʻrlab yedirsang, keyin pillani ham yaxshi oʻramaydi. Bular shunaqa nozikki, vay-vay-vay!..

«Tili yoʻq qurtning shuncha nozik xislatlarini bilibsiz, — oʻylandi Sattor oʻzicha. — Mening koʻnglim vayron boʻlib yurganini nega sezmaysiz, onajon!».

Bundan besh yil oldin Sattor «uylanmayman», deb koʻp sarkashlik qilgan, «avval oʻqishimni bitiray, ishga kiray, keyin bir gap boʻlar», deb toʻyga rozilik bermagan edi. Ammo kasalmand otasi: «Koʻzim ochigʻida seni uylantirmasam boʻlmaydi!» deb turib olgan, onasi ham: «Oyshaxon hozir boʻyi yetib turibdi, sen oʻqishni bitirib kelguncha ota-onasi qarab oʻtirmaydi, boshqa birovga berib yuboradi!» deb toʻyni tezlatgan edi. «Oqibati nima boʻldi? — dedi Sattor hayolan onasiga murojaat qilib.
— Hatto shu ipak qurtiga ham suymagan bargini zoʻrlab yedirsangiz pilla oʻramas ekan. Axir men odamman-ku! Sizning oʻgʻlingizman-ku! Men qandoq qilay?».

Sersoya ayvonda Sattor Oyshaxonning yoniga oʻtirib mastava ichar ekan, xotinining yuziga qaray olmas, biror joyi unga tegib ketishidan choʻchir, oʻzini majbur qilib, odob yuzasidan uzuq-yuluq gaplashar edi. Shuning ustiga Oyshaxon oʻzining kosasidan chiqqan bir parcha goʻshtni Sattorning kosasiga soldi:
— Men toʻyib qoldim, oling, Sattorjon aka.

Sattor qoshigʻini koʻtarganicha Oyshaxonga hayratlnib qaradi, soʻng kutilmaganda jahli chiqdi:
— Farosat bormi, oʻzi?! Ol, endi buni ham oʻzing ich!

Sattor mastavasini xotiniga tomon surib qoʻydi. Oyshaxon bilmasdan gunoh qilib qoʻygan boladay bir kizardi, bir boʻzardi, soʻng koʻzlari yoshlanib, qaynanasiga qaradi.
— Shaharda yurib muncha nozik boʻlib ketibsan! — deb Xosiyat xola oʻgʻlini jerkidi. — Bir yostiqqa bosh qoʻyganingdan keyin, bir kosadan ovqat yesang nima boʻlibdi?
— Dunyoda odob degan gap bor, madaniyat degan gap bor! — Sattor hech kimga qaramay boʻgʻilib gapirar edi:
— Bu ham oʻrta maktabda oʻqigan-ku, axir, sakkizinchini bitirgan, nahotki fahmi yetmasa?
— Xoʻp, kechirasiz, — dedi Oyshaxon sekin va Sattorning ovqatini olib dasturxon chetiga qoʻydi. Soʻng oʻchoq boshiga bordi, boshqa kosaga mastava suzib kelib, erining oldiga qydi. — Oling, osh boʻlsin!

Sattor arzimagan narsadan shunchalik achchiqlangani uchun endi izza boʻldi.
— Gap ovqatda emas, umuman... — deb oʻzini oqlashga urindi, ammo davomini aytolmadi.
— Besh-oʻn kun turadigan boʻlib keldingmi? — dedi Xosiyat xola gapni yangilash uchun.

Sattorning hoziroq ketgisi kelar edi. Ammo toʻrt kunga javob olganini eslab:
— Uch kundan keyin ketaman. — dedi.
— Yana «Ketaman!» deysan. «Kelaman!» degan gapingni otang rahmatlik kuta-kuta, axiri, oʻlib ketdi. Mening ham necha kunlik umrim qolgan, Xudo biladi. Oyoq-qoʻling bogʻlogʻlik boʻlsa tezroq kaytarsan deb, mana, Oyshaxonga uylantirib qoʻydik. Peshanamdan aylanay, kelinga yolchidim. Kelinim tilla chiqdi. Lekin sen meni kuydiryapsan, bolam! Kechalari oʻylasam uyqum qochib ketadi. Axir, askarliqda emassanki, javob ololmasang! Nega kelib, otangdan qolgan shu hovliga ega boʻlmaysan?
— Oʻttan gal tushuntirib beruvdim-ku, aya!
— E, qoʻy-e! Sen oʻsha Toshkentga yomon oʻrgangansan. Endi yerning tagidan yer qazib, gʻordan allambalo poyezd yurgizmoqchi emishsizlar. Oʻzi zilziladan keyin yer hilvirab turgan boʻlsa, seni ham bosib qolmasin tagʻin?
— Men gʻorda ishlarmishmanmi? Kim aytdi shuni sizga?
— Mana, Oyshang u kuni shunday deb tushuntirdi. Sattorning «metro quramiz» deb yurganini Oyshaxon ham eshitgan edi. U metroni umrida koʻrmagan, faqat maktabda bir oz ta’rifini eshitgan edi. Yer tagida yuradigan poyezdlarni oʻylasa, koʻz oldiga kattakon gʻor kelar edi.
— Yerni kovlayversalar yer boʻlmaydimi? — dedi u Sattorga uyalib koʻz tashlarkan.

Sattor zaharxanda qilib:
— Durustsan, — dedi. — Haligacha mening nima ish qilishimni bilmaysanmi?
— Bilaman. Anaqa... reja chizasiz.
— Gʻordami?
— Yoʻq, anaqa... bultur borganimizda uch qavatli uyni koʻrsatgan edingiz-ku. Oʻsha yerda ishlaysiz-a? Rejani chizib boʻlganingizdan keyin... anaqa... yerning ta-gida ishlaydiganlarga oʻzingiz olib borib... anaqa... tushuntirib berasiz. Shundaymi?

Oyshaxon darsda tutilib-tutilib javob berayottan talabaga oʻxshar edi. Xosiyat xola kelinidan zavqlanib kulib qoʻydi. Sattor esa ogʻir «uh» tortdi.

«Umr yoʻldoshim shu! — oʻylandi u ichki bir dard bilan. — Mening butun hayotimga sherik, butun faoliyatimga hamkor boʻladigan sirdosh ayol, koʻnglimni ipidan-ignasigacha tushunishi kerak boʻlgan hamdard xotin shu!..»

Birdan Sattorning esiga Roziya tushdi. Moskvalik katta olimni Toshkent boʻylab olib yurgan, keyin anhor sohilida Sattorga shu qadar nafis, shu qadar teran gaplarni aytgan Roziya...
— Nima boʻlganda ham, endi shahar bas, shu yerga kel, — dedi Xosiyat xola oʻgʻliga. Sattor indamas edi. — Yo boʻlmasa boshqa bir yoʻlini top! Tokaygacha sargardon boʻlib yurasan? Xotining bilan oʻgʻling bu yoqda intizor, sen u yoqda sarson! Boʻldi-da endi!

Xosiyat xola shu tarzda gapira-gapira qurtxonaga kirib ketdi. Oyshaxon choy damlab keldi. Qoʻl qovushtirib kelinchaklik odobi bilan Sattorga choy uzatdi.
— Siz ham... yolgʻiz yurib juda zerikkan koʻrinasiz, Sattorjon aka. Issiq-sovugʻingizdan xabar oladigan odam yoʻq... Agar kelolmaydigan boʻlsangiz... Mayli, biz Muxtor bilan boraylik...
— Ayam-chi?
— Ayam bu hovlini tashlab ketolmasalar kerak. Yolgʻiz qolmasinlar desangiz, xolamga aytamiz, kelib birga turadi. Men gaplashib qoʻyganman.
— Astoydil-ku!.. Rais togʻang bilan ham gaplashganmisan? Senga javob berarmikan?
— Bermay nima! Er qayerda boʻlsa, xotin ham oʻsha yerda boʻlishini biladilar. Bir marta oʻzlari shunday deganlarini eshitganman.
— Xoʻp, Toshkentda qayerda turmoqchisan?
— Yaqinda uy beradi, demadingizmi!..
— Qachon aytibman?
— Bugun kechasi... — Oyshaxon uyalib, ayni vaqtda bolaning shirin gapini eslaganday zavqlanib davom etdi: — Esingizdan chiqdimi? «Sen peshanamga bitilgansan» ham dedingiz.

Sattor kayf bilan aljib aytgan gaplarni Oyshaxon bunchalik yoqtirib va faxrlanib eslayotgani uning gʻashini keltirdi. Piyoladagi choyiga makruh bir narsa tushganday, Sattor uni hovliga sepib tashladi. Ensasi qotib:
— Hali uy bergani yoʻq, — dedi. — Avval bersin, keyin koʻrarmiz.
— Voy, koʻrarmiz deganingiz nimasi? Uy bersa ham bir oʻzingiz turmoqchimisiz? Bizsiz-a?

Sattorning nazarida, Oyshaxon hali berilmagan uyga oldindan ega boʻlmoqchiday, xotinlik haqini da’vo qilib, erining kelajagini ham qoʻliga olmoqchiday koʻrindi. Sattorning koʻnglidagi gʻashlik yana birdan jahlga aylandi:
— Hali uy bergani yoʻq dedim-ku! Bersa keyin da’vo qilasan!

Oyshaxon esankirab, dovdirab qoldi:
— Iye... a... men nima da’vo qilibman? Nima boʻldi sizga, Sattorjon aka? Toʻgʻri gapga ham achchigʻingiz keladi!
— Sen nimani tushunasan?! Peshonamga bitilgan emish... Qurib ketsin bunday peshona!

Sattor oʻrnidan turib, hovlidan chiqib ketdi. Kechgacha daryoda baliq ovlab, qishloqda tanish-bilishlar bilan aylanib yurdi.

Uyga qaytishi kerakligini oʻylasa, yuragi bezillar edi. Suymagan xotini bilan yashash yashirin bir bukrilikni badanida olib yurishday jirkanch tuyulardi. Bu bukrilik uni huda-behudaga jahli chiqaveradigan mijgʻov, jizzaki odam qilib qoʻymoqda edi. Kechasi baribir Oyshaxonning yoniga borishi kerakligini oʻylasa, choyxonada oshga qoʻshilib joʻrabozlik qilgisi, kechagiday aroq ichib, mastlikda hamma narsani unutib, koʻpol bir hirs bilan uyga qaytgisi kelar edi.

«Bu ketishda oxiri nima boʻladi? — degan oʻy yuragini kemirib oʻtdi. — Men Roziyani unutaman deb kelib, olijanoblikni unutyapman shekilli?».

Roziya bilan birga oʻtgan musaffo damlar... Qani Sattorning oʻshandagi samimiyligi? Roziya unga: «Men hali umrimda sizchalik yaxshi yigitni uchratmagan edim!» deganida, uning yuzidan oʻpib xayrlashganida Sattor chindan ham shu soʻzlarga, shu oʻpichga oʻzini munosib sezgan edi. Hozir-chi? Sattor oʻziga-oʻzi xiyonat qilganday yomon koʻrinadi. Bugun kechasi koʻrgan tushida mash’um bir ma’no yoʻqmikan? Tushida zilzila boʻlib uni otib-otib tashlagan zamin — xiyonatga karshi isyon koʻtargan muhabbat emasmikan? Qulagan devor... Roziyaning yordam soʻraganday pastga qoʻl choʻzib turgani... Buni qanday ta’bir qilish mumkin? Tush hamma vaqt ham toʻgʻri kelavermay-di! Ammo Roziyaga biron gap boʻldimikan? U oʻzi qayoqqa ketgan, hozir qayerlarda yuribdi? Sattor oʻshanda buni surishtirib bilmaganiga endi pushaymon boʻldi. Besh kungacha anhor boʻyiga borib, bekorga intizor boʻlib yurguncha ish joyiga borib xabar olsa boʻlmasmidi? Oʻsha oqshom Roziya yigʻlab aytgan gaplaridan uning ham mushkul ahvolga tushib qolgani bilingan edi-ku!

Sattor Roziyani qidirib topmasa va uning ahvolidan tezroq xabar olmasa, keyin bir umr armon qilib yuradiganday bezovtalana boshladi.

11

Yurib ketayotgan zinapoyalar gʻuj-gʻuj odamlarga toʻlib, yetti qavat yer tagiga tushib boradi. Yer ostidagi marmar qasrning silliq devorlarida bir koʻpayib, bir kamayib oʻtayotgan xaloyiq toʻlqini akslanadi. Ikki tomondan ikki yoqqa qarab oʻtadigan havo rang poyezdlar xar gal odam tushirganda yoʻlovchilar hamma yoqni toʻldirib eskalatorga karab oqadi. Yurib turgan eskalator ham xuddi oqayotgan suvga oʻxshaydi — har zinasi goʻyo bu suvning bir tirik toʻlqini.

Hali metroda koʻp yurib oʻrganmagan Sattor bu «tirik» zinaga ehtiyot bilan qadam qoʻydi. Zinapoya bilan yonma-yon qora rezinka tutqich ham yurib bormoqda edi. Sattor bir qoʻli bilan shunga suyanib muvozanat saqladi-da, yuqoriga qaradi.

Ish soatlari tugagan, yuqoridan bir emas, ikkita eskalatorni toʻldirib, tumonat odam tushib kelmoqda edi.

Qarama-qarshi turib yuqoriga koʻtarilayotgan va pastga tushayotgan kishilar bir-birlariga juda aniq koʻrinardi. Sattor roʻparadan oʻtayotgan odamlar oqimiga qarab-qarab boradi. Birovlar hayolchan, birovlar gaplashib ketyapti, birovlar shu yerda ham kitob oʻqiydi. Dunyoning turli tomonlaridan kelgan xilma-xil kiyimlar, gʻalati-gʻalati yuzlar, yulduzlarday behisob koʻzlar... Shular orasida Sattor uzokdan sariq atlas koʻylakni koʻrib yuragi «jigʻ» etdi. Bu koʻylak qirq yoshlardan oshgan toʻla gavdali ayolning egnida edi. Ayolning yonida Sattorga yarim oʻgirilgan holda xipcha bir qiz guribdi. Yaponcha kofta kiygan. Baland prichyoska qilingan qop-qora sochiga guldor durra oʻragan... Qaddi-qomati Sattorga juda tanish koʻrindi. Eskalatorlar ularni bir-birlariga yaqinroq olib kelganda qiz allakimning tikilganini sezib yuzini bu yokqa oʻgirdi. Koʻzi toʻsatdan Sattorga tushdi-yu qiygʻoch qoshlari parvoz qilayotgan qushning qanotiday silkindi.

Sattor azbaroyi hayajonlanganidan ovozi ichiga tushib ketdi. Lablari koʻkarib:
— Roziya... — deb pichirladi. Oʻzi yurar zinapoya Roziyani uning yonidan olib oʻtib, pastga tushib keta boshladi. Sattorning oyogʻi tagidagi zinapoyalar esa tinmay yuqoriga oʻrmalayapti. Sattor bu zinapoyalarni darhol toʻxtatgisi kelib, rezinka tutqichni ikki qoʻllab changallaganicha Roziya tomon talpindi.

Roziya salom berganday kilib qoʻlini koʻtardi. Sattor allakimga suykalib, kimnidir itarib, bir-ikki kadam orkaga chekindi. Ammo qudratli zinalar uni Roziyadan tobora uzoqqa olib ketmoqda edi. U hamma narsani unutib, baland ovoz bilan:
— Roziya! — deb qichqirdi. — Men sizni qidirib yurgan edim... Roziya!.. Men hozir tushib boraman!

Hamma unga oʻgirilib qarar, ammo Sattor Roziyadan boshqa hech kimni koʻrmas edi. U qoʻllarini harakatlantirib yuqoridan aylanib tushmoqchi ekaniga ishora qildi. Koʻzlari javdirab uzoqlashib ketayotgan Roziya yana qoʻlini koʻtarib, bir-ikki silkitdi. Bu uning: «Tushundim!» deganimi yoki xayrlashganimi, Sattor bilolmay qoldi. Roziya kutmay ketib qolishi ham mumkin edi. Sattor uning shu tomonlarda yurganini hamkasblaridan soʻroklab bilgan edi. Necha kundan beri qidirib yurib, Roziyani endi topgan paytida nahotki birpasgina qarab turmay ketib qolsa?

Zinaning yurishi Sattorga haddan ortiq sekin tuyuldi. U odamlar qatorini yorib oʻtib, shosha-pisha zinadan zinaga koʻtarila boshladi. Yuqoriga chiqqan zahoti «lip» etib pastga tushiradigan eskalatorga chopib oʻtdi. Yana zinadan zinaga sakrab, odamlarning ranjishlariga ham karamay pastga tomon otildi.

Bu orada Roziya yonidagi ayol bilan eskalatordan tushdi-yu, sal nariga borib toʻxtadi. U Sattorni koʻrib allanechuk garangsib qolgan, oyoq-qoʻllari boʻshashib, atlas koʻylakli xotinning bilagidan ushlaganicha unga suyanib turar edi. Roziyaning xolasi bulgan bu ayol hayratga tushib:
— Senga nima boʻldi, Roziya? — dedi. — Muncha titraysan?

Roziyani kichikligidan suyib oʻstirgan xolasi Soraxon uning hamma sirlaridan xabardor edi. Hozir eskalatorda uchragan yigitning kimligini payqab:
— Oʻshami? — dedi.

Roziya uning savollariga javob bermas, qulogʻiga gap kirmayotganga oʻxshardi. U yuqoridan odam olib tushayotgan eskalatorga olazarak boʻlib qarab turardi. Roziya Sattor bilan yana uchrashishdan qoʻrqardi, undan oʻzini olib qochmoqchi boʻlar edi. Ammo oʻziga boʻysunmaydigan ichki bir kuch uni Sattorga qarab tortar, bir lahzagina boʻlsa ham diydor koʻrishishga undar edi.

Soraxon Roziyaning es-hushi oʻzida emasligini sezib:
— Roziyajon, yur, ketaylik! — dedi. — Ana, poyezd keldi. Yur tezroq!

Soraxon Roziyani perronga qarab tortdi. Roziya bir-ikki qadam yurdi-yu, yana toʻxtadi. Sattor hozir uni deb yuqoridan chopib tushib kelayotganini koʻz oldiga keltirdi. Buni sezib turib, ketib qolishga u oʻzini majbur qila olmas edi. Agar ular Toshkentda duch kelib qolganlarida, ehtimol, Roziya Sattor bilan uzoqdan salomlashib oʻtib keta olar edi. Ammo tugʻilgan yurtlaridan minglab chaqirim yirokda, Oʻzbekistondan kelgan har bir notanish odam ham allanechuk qadrdon koʻrinadigan bu joyda Sattorday aziz kishisini bir nafasgina kutmay ketib qolish Roziyaga kechirib boʻlmaydigan toshmehrlik boʻlib koʻrindi.
— Xolajon... Birpas turing!..
— Turib nima qilasan? Gapni bir joyga qoʻygan edik. «Endi uchrashmayman» degan eding, Toshkentdan vidolashib chiqib kelgan eding!
— Izlab yurgan ekan...
— Izlasa izlar!
— Biron ishi bordir...
— Ishi boʻlsa oʻzi eplayversin. Bizga nima? Soraxonning gaplarida Sattorga qarshi qaratilgan nafrat bor edi. Roziyaga bu juda oʻrinsiz tuyuldi:
— Siz uni bilmaysiz!..
— Lekin men seni bilaman, Roziya! Keyin badtar boʻladi, yana oʻzing qiynalasan! Undan koʻra, yur!

Roziya bir-ikki qadam qoʻydi-yu, yana toʻxtadi. Oʻziga-oʻzi gapirganday pichirlab:
— U ham odam-ku, — dedi.
— Bu bejiz emas...
— Nima-nima?

Roziyaning hayoli parishon, gaplari ham poyma-poy. U xolasining soʻzlarini yaxshi uqmas, hozir faqat bir narsani — Sattor bilan koʻrishmasdan ketolmasligini aniq sezardi, xolos.
— Bu oʻzi yaxshi yigit boʻlsa, seni endi tinch qoʻyishi kerak edi! — dedi Soraxon qahr bilan. — Hozir kelsin, men uni bir boplay!

Roziya xolasining bilagini mahkam qisib, ozorlangan tovush bilan:
— Yoʻq, yoʻq! — dedi. — Unda nima ayb? Siz aralashmang, itlimos qilaman!

Nihoyat, eskalator zinalari bilan birga oqib tushayotgan odamlar orasida Sattor koʻrindi. U oʻsmir boladay yugurib-elib kelmoqda edi. Yuzida, koʻzlarida, qadam olishida shunday bir gʻayrat va quvonch bor edi-ki, Roziya uni koʻrgan zahoti zavqi keldi. Hozirgina Roziyani boʻshashtirib turgan darmonsizlik qayoqqadir yoʻqoldi. Butun vujudiga iliq bir kuch quyulganday boʻldi. U xolasining qoʻlini qoʻyib yuborib, Sattorga tomon uch-toʻrt qadam yurdi. Oʻzini kutilmagan darajada bardam va quvnoq tutib, Sattor bilan koʻrishdi, soʻrashdi.
— Tanishib qoʻying, mening xolam Sora Akramxoʻjayeva, — deb Sattorga atlas koʻylakli ayolni koʻrsatdi.

Bir chetda Sattorga zimdan tikilib turgan Soraxon bu yigitning istarasi haqiqatan ham issiq ekanini, unga yomon muomala qilolmasligini sezdi-da, sipolik bilan salomlashdi. Sattor iymanib uning yuziga mayin koʻz tashladi:
— Kechirasiz, men sizlarni yoʻldan qoldirdim.
— Zarari yoʻq...
— Moskvalarda yuribsiz? — jilmayib soʻradi Roziya Sattordan.

Goʻyo orada oʻsha mushkul gaplar va vidolashuvlar boʻlmagan, goʻyo hamma narsa asliga qaytgan-u, endi faqat uchrashuv shodligiga oʻrin bor! Sattor buning bir sababchisi mana shu atlas koʻylakli ayol ekanini payqadi. Roziya xolasining oldida oʻzini mumkin qadar bosiq va sipo tutayotganini, Sattorni ham shunga undayotganini sezdi. Shu bilan ikkovining orasiga alohida bir sirdoshlik, ittifoqdoshlik ipi tortilayotganday boʻldi. Sattor hozir gapni ish mavzuiga burishi kerakligini fahmlab:
— Komandirovkaga kelgan edim, — dedi.

Sattor bilan Roziya uchun nima hakda gaplashishning ahamiyati yoʻq. Ularning joʻn, anchayin gaplari ham diydor koʻrishish shodligiga chulgʻanib, xaroratga toʻlib chiqadi. Koʻzlar koʻzlardan ilhom oladi, birining ovozi ikkinchisiga zavq beradi, birining tabassumi ikkinchisining qalbiga nur sochadi. Biri birini yoʻqotgan, bir-biridan umidini uzgan, bir-birining diydoriga tashna boʻlgan bu ikkovi hozir chetdan qaragan har qanday odamning havasi keltiradigan darajada baxtiyor edilar.

Soraxon ularga nima deyishini bilmay lol boʻlib qarab turardi. U bir oydan beri Roziyani qutqarish harakatida yurgan edi. Roziyaning oilali yigitni sevib qolgani Soraxonning nazarida juda yomon bir falokat. Chunki Soraxonning oʻzi shunga oʻxshash bir hodisaning jabrini tortgan.

Sora Akramxoʻjayeva asli xoʻjalar avlodidan edi. Ota-ona «xoʻjalardan kuyov chiqsa uzatamiz» deb uni ancha yil erga bermadilar. Soraxon oʻqishi bitguncha bunga chandon e’tibor qilmadi-yu, ammo yoshi yigirma oltiga kirganda umrbod kari qiz boʻlib qolishdan tahlikaga tusha boshladi. Shunda ota-onalari uni xoʻja avlodli bir yigitga uzatadigan boʻldilar. Yigit ham yigirma olti yoshda edi, ular bir-birlarini yaxshi bilmas edilar, shunday boʻlsa ham ikkovi ota-onalarining ixtiyorlariga qarab turmush qurdilar. Ammo bir-birlariga koʻngil qoʻyolmadilar. Oradan uch yil oʻtgach, yigit Soraxonni ikki bolasi bilan tashlab ketdi, oʻzidan olti yosh kichik bir qizga oshiq boʻlib uylandi. Soraxon esa ikkinchi er qilmadi, bolalariga fido boʻlib, hamon beva yuribdi. Uning butun alami, dardi, yolgʻizlik azobi Roziyaga yoshligidan ma’lum. Roziyaning hamma yaqinlari ikki bolasini tashlab, boshqa qizga oshiq boʻlib uylangan sobiq pochchani vijdonsiz, noinsof deb ayblab oʻrganganlar. Ular oilali odamga tekkan qizni ham doimo nafrat bilan tilga oladilar. «Birovning oilasini buzgan, bolalarini otasiz qoldirgan, Soraxonning erini tortib olgan» u qizni Roziya oʻzi koʻrmagan boʻlsa ham, bundaylarga jirkanib qarashga bolaliqdan odatlangan.

Biroq, endi hayot shu muammoni Roziyaning ham boshiga soldi-ku! Shunda u Sora xolasini esladi. Xolasiga hamisha rahmi kelib, qayishib yurgan Roziya bir kun Soraxonning uyiga borib, butun voqeani aytib berdi. Shundan keyin Soraxonning qistovlariga boʻysunib, Sattorga haligi xatchani yozdi. Sattor Soraxonning tasavvurida oʻzining sobiq eriga oʻxshash bemaza yigit edi. U Roziyani bu yigitning kasofatidan omon saqlash uchun darhol Toshkentdan olib ketdi. Ular Roziya ikkovi Moskva etagidagi oʻrmonlar orasida, Istra daryosi boʻyida uch hafta dam olishdi. Bu kunlar davomida Soraxon Roziyani Moskvada aspiranturada oʻqiyotgan hamshahar yigitlar bilan tanishtirdi, «Zora shulardan birortasiga qiziqib, haligi dardini unutsa!» deb umid qiddi. Ammo Roziyaning chehrasi ochilmadi. Goʻzal tabiat bagʻrida, hamma dam olib, yayrab-yashnab yurgan ajoyib joyda Roziya diqqinafas boʻlib, uch haftada besh-olti yosh ulgʻayganday soʻlib qoldi.

Bundan yarim soatgina oddin eskalatorda mana bu yigit uchramasidan avval Roziyaning rangi koʻkish, uch-toʻrt bola koʻrib tashvishga botgan oʻrta yashar juvonday xomush kelmoqda edi. Mana hozir Sattor bilan koʻrishib, gaplashayotganda esa yuzidagi oʻsha soʻlgʻinliqdan asar ham qolmadi. Yonoqlariga qizillik yugurib, koʻzlari yaltillab, lablarida tabassum oʻynab, chehrasi butunlay oʻzgarib ketdi.

Soraxon shuncha kundan beri yetolmagan niyatga — Roziyani avvalgiday goʻzal, shod koʻrish niyatiga — Sattor bir lahzada yetdi. Soraxon shuncha harakatlar bilan qurgan gʻov bir somon parchasiday uchib ketayottanini sezdi-yu chora axtarib soatiga qaradi. Qovogʻini solib:
— Roziya, vaqt boʻlyapti, — dedi.

U Sattorning Roziya bilan tezroq xayrlashib oʻz yoʻliga ketishini istardi. Boya Roziyaning oʻzi ham: « Sattor bilan bir lahzagina koʻrishib salomlashsam bas!» deb oʻylagan edi. Ammo, kishining butun tashnaligi buloq boʻyiga yetganda bilinganidek, Roziya bilan Sattor bir-birlarini qay darajada sogʻinganliklari hozir chinakam sezilmoqda edi. Obi hayotdan bir qultum ichgan odam keyin unga qonmaguncha oʻzini tutolmagani kabi, ular ham bir-birining diydoriga toʻymaguncha ajrashgilari kelmas edi. Biroq qovogʻini solib soatiga qarab turgan Soraxon Roziyaga: «Aqlingni yoʻqotma, oxirini oʻyla!» demoqchi boʻlar edi. Xolasining bu gapi bejiz emasligini Roziya ham tushunib turibdi. Uning oʻzida ham «xushingni yigʻ» deyayotgan bir oʻy bor edi. Ammo diydor koʻrishishdan alangala-nib ketgan muhabbat hislari buning hammasini ahamiyatsiz qilib koʻrsatar, «Sen yosh bola emassan, xolangning qorovulligi nimaga kerak!» deyayotganga oʻxshardi.

Soraxonning Roziyaga hokimona tikilib: «Vaqt boʻlyapti», degani Sattorga boshqacha ta’sir koʻrsatdi. Sattor bu ayolning hamma sirdan xabardor ekanini sezdi-yu, birdan aybi ochilgan odamday qattiq hijolat boʻldi. U Roziyadan hech narsa kutmasligini, hech narsa ta’ma qilmasligini, faqat uni sogʻ-salomat koʻrgani kifoya ekanini aytmoqchi boʻldi.
— Roziya, agar shoshilayotgan boʻlsangiz, mayli...

Roziya Sattor bilan shu ahvolda xayrlashib keta olmas edi. U xolasining qorovulligiga muhtoj emasligini Sattorga sezdirmoqchi, shu bilan uni xijolatliqdan qutqarmoqchi boʻldi:
— Men shoshayottanim yoʻq! Xolam kengashga shoshilyapti. Men shunchaki tomosha qilib yuribman.
— Boʻlmasa... — Sattor Roziyaga «nima qilay» degan ma’noda qaradi.
— Yuring, xolamni kuzatib qoʻyaylik. Vaqtingiz qalay?
— Boʻshman, — dedi Sattor.

Soraxon labini qimtib perronga qarab yurdi. U Sattorga: «Yaxshi yigit, xotiningiz bor ekan, Roziyani tinch qoʻying!» demoqchi boʻlar, ammo bunga qulay fursat topolmas edi. Roziya Sattorni oʻz himoyasiga olib, sovuq gapga oʻrin qoldirmay borar edi. Sattor ham oʻz qadrini yerga urmaydigan xushmuomala, ziyrak yigit ekanligi Soraxonning tilini bogʻlab turar edi.

Yer ostidagi qasrini shovqinga toʻldirib, metro poyezdi keldi. Oʻnlab eshiklar bir vaqtda oʻz-oʻzidan ochildi. Vagonlar lahza oʻtmay boʻshab qoldi-yu, yana birpasda odamga toʻldi. Qizil shapka kiygan navbatchi qiz bir tomoni sariq, bir tomoni qizil kafgirchasini yuqori koʻtardi. Uning ishorasi bilan havo rang ekspress yana yer qa’ridagi tunnelga otilib kirib ketdi.
— Ajoyib-a! — dedi Sattor koʻngʻir charm oʻrindiqda xolasi bilan yonma-yon oʻtirgan Roziyaga. — Biz hozir Toshkentning kelajagiga sayohat qilayotgandaymiz.

Poyezd tez yurgan sari shovqini kuchayar, shuning uchun baland ovoz bilan gapirishga toʻgʻri kelar edi.
— Kelajakda metro poyezdlarining shovqinsiz yuradigani chiqadi, deyishadi, rostmi? — soʻradi Roziya.
— Men ham eshitdim. Shovqini bilinmaydigan tramvaylar chiqdi-ku. Toshkentda metro qurilguncha, ehtimol, shovqinsiz poyezdlar ham paydo boʻlar.
— Aytmoqchi, loyihalaringiz nima boʻldi?
— Olib keldik. Yuqorilarda koʻrilyapti.
— E, shu ish bilan kelganmidilaringiz? Haligi, Maksimichni koʻrmadingizmi?
— Shu odam bizga juda kerak edi. Otpuska olib uyidami, dachasidami ishlayotgan emish. Topolmayapmiz. Ishimizning nozik bir nuqtasi oʻsha Maksimichga bogʻliq boʻlib turibdi.
— Anhor boʻyida sizga adresini bergan edi-ku. Sattor bir lahza oʻshandagi begʻubor va shirin visol paytiga kelganday boʻldi.

«Nega menga ekan, ikkovimizga bergan edi-ku!» — deb hazil kilgisi keldi. Ammo keyinga ishkalliklar esiga tushib, oʻzini bosdi.
— Adresi choʻntagimda yuribdi, — dedi. — Lekin uni siz yaxshi taniysiz, Roziya. Shahar boʻylab siz birga yurgansiz... Men oʻzimcha borishga tortindim.

Roziya oʻshandagi tiqilinchlarni eslab kulib qoʻydi. Soʻng Sattorning gap avzoyidan Maksimichnikiga birga borish mumkinligini fahmlab, bir lahza jim qoldi.

Poyezd zoʻr shiddat bilan borar, derazalar oldidan tunnel’ chiroklari lip-lip qilib oʻtar, ularning aksi yaltiroq poʻlat tutqichlarda sirgʻanib, uchib-qoʻnib oʻynar edi.

Sattor Roziyadan javob kutib turganini Soraxon ham payqagan ekan, dabdurustdan:
— Yaxshi yigit, Roziya hozir bunaqa ishlarga aralasholmaydi, — dedi.

Sattor hayron boʻlib Roziyaga qaradi. Roziya xolasining tomdan tarasha tushganday boʻlib chikqan gapidan ozorlanib soʻradi:
— Nega endi?
— Sen otpuskada yuribsan!
— Otpuskada yurgan odam tanishlarinikiga borishi mumkin emasmi?
— Sen oʻzingga-oʻzing qilyapsan, Roziya! Soraxonning butun vajohati: «Sen bu yigitni koʻrgandan beri butunlay oʻzgarib ketding, uning sehriga berilib, oilasi borligini unutding!» deb turganga oʻxshardi. Ammo, hadeb Sattorning oilasi borligini eslatish, hamma odamlarga toʻgʻrilikcha odam deb qaramasdan, ha-mani uylangan yoki uylanmagan deb ajratish Roziyaga hozir xunuk bir bid’at boʻlib koʻrindi. Bir oydan beri xolasining gapiga kirib, Sattordan qochib yurgani esa mana shu bid’atga berilib, oʻz erkini bekordan-bekorga boʻgʻish boʻlib tuyuldi.
— Koʻrib turibsiz! — Roziya xolasiga «Sattor meni yeb koʻyayotgani yoʻq, u meni ogʻir ahvoldan xalos qilyapti, men uning yonida qafasdan ozod boʻlgan qushday erkin yuribman» deganday qilib qaradi. Ammo ogʻizda boshqa gaplarni aytdi: — Koʻrib turibsiz, metro ajoyib narsa. Agar Toshkentda ham metro qurilishiga mening zarracha nafim tegishini bilsam, otpuskada yurganim koʻzimga koʻrinadimi? Siz kengashdan boʻshaguncha biz ham Maksimichnikiga borib kelamiz.

«Biz» deb Roziya oʻzi bilan Sattorni qoʻshib aytgani Soraxonning shunchalik ensasini qotirdiki, u «bilganingni qil!» deganday qoʻl siltab, yuzini naryoqka oʻgirib oldi. Sverdlov maydoniga borib metrodan tushganlarida ham, Pushkin koʻchasi tomondan yer yuzasiga chiqqanlarida ham Soraxon Roziyaga qayrilib qaramadi.

Ular yer ostida yurganda Moskvaga yomgʻir yogʻib oʻtgan edi. Hozir osmondagi bulutlarning bir chetini yorib oftob nurlari yogʻilib turar, koʻchalarni toʻddirgan behisob mashinalar hoʻl asfalьtdan suv sachratib oʻtar edi.

Svetofor piyoda odamlarga yoʻl berdi. Soraxon Roziyaga ataylab gap qotmadi, unga qayrilib ham qaramadi. Sattor bilan til uchida xayrlashdida, koʻchadan oʻtib, Kolonna zaliga qarab ketdi.

Roziya xolasiga achinganday boʻlib, ketidan birpas tikilib turdi.
— Bu kishiga xafa boʻladigan gap qilmadik shekilli? — dedi Sattor.
— Xolamni hayot xafa qilgan. Iloj qancha?.. Bu kishining e’tiqodi shunaqa.
— Qanaqa?

Roziya xolasining tarixini va sirdoshlik sababini aytish uchun ogaz juftladi-yu ammo hozir bunday ishkal narsalar toʻgʻrisida soʻzlashgisi kelmadi.
— Keyin aytib beraman... Sattor, siz menga soʻz bering. Biz hech kimga yomonlik qilmaymiz!
— Xoʻp. Lekin biz oʻzimizga ham yomonlik qilmasligimiz kerak, Roziya. Shu bir oy ichida men qanday kunlarga qolganimni bilsangiz edi... Dunyoga kelganimdan pushaymon boʻldim!
— Bilaman. Men oʻzim ham oʻlimimga rozi edim.
— Qoʻying, bunday demang... Mening tushimga bir kun oʻsha zilzilalar kirdi. Men pastda. Siz oʻninchimi, oʻn beshinchimi qavatda. Uylar qulab, ustimga tushyapti. Yugursam, qadamim orqaga ketadi.
— Dahshat!
— Shundan beri sizni izlab yurgan edim. Xayriyat, eson-omon ekansiz.
— Men ham sizni... har zamonda bir koʻrib tursam bas. Sattor, keling, biz hamisha xolis, begʻaraz doʻstlar boʻlib qolaylik!

Sattor Roziyaning mayin va salqin qoʻlini kaftiga olib:
— Mayli, — dedi. — Buning nomi doʻstlikmi, tanishlikmi, ishqilib, diydor koʻrishib tursak boʻldi.

Roziya Toshkentda Sattor bilan muhabbat izhor qilishgan paytlarini esladi. «Doʻstlik» deb oʻzini aldamoqchi boʻlayotganini sezdi-yu, shoshilib, gapni boshqa yoqqa burdi:
— Biz... Maksimichni topmoqchi edik-ku? Uy telefoni bormi?
— Ha, vizit kartochkasida yozilgan.
— Boʻlmasa, avval bir qoʻngʻiroq qilib koʻraylik.
— Yuring, — deb Sattor Roziyaning bilagidan oldi. Avtomat-telefon kabinalari oddiga kelganlarida Roziya navbatda turgan yosh-yalanglar ikkovlariga qiziqib, havaslanib, koʻz tashlayogganliklarini his qildi. Bu his uning qalbida yana bir vaqtlardagi iftixor tuygʻusini uygʻotdi.

12

Sattor bilan Roziya Moskvaning har joy-har joyidan ulkan choʻqqilarga oʻxshab boʻy choʻzib turadigan uchi nayzador binolarni uzoqdan koʻrgan edilar-u, ammo hali ichiga kirmagan edilar. Maksimich shu koʻkoʻpar binolardan birida, oʻn sakkizinchi qavatda turar edi. Qasrni eslatuvchi keng vestibyulь va zinalardan oʻtib, tez yurar lift bilan oʻn sakkizinchi qavatta chiqqanlarida Sattorni binoning salobati bosa boshladi.
— Maksimich meni durust eslolmasa kerak. Noqulay boʻladimi deyman-da, Roziya?
— Nega eslolmas ekan? Telefonda oʻzi taklif qildi-ku!

Aytilgan eshikni qidirib topganlarida Sattor qoʻlida koʻtarib kelayottan toʻrni ichidagi oltin rang qovuni bilan Roziyaga tutqazdi. Sattor tortingan sari Roziya dadillanar edi. U oldinga oʻtib, hashamatli eshik tep-sidagi koʻngʻiroq tugmasini bosdi.

Eshik ochilganda Sattor Roziyadan bir-ikki qadam ketinda turar edi. Sochini oʻsmirlarnikiga oʻxshatib kalta qirqtirgan nozikkina juvon ularni ichkariga boshlab kirdi.

Kvartira devorlariga qimmatbaho yogʻochdan panellar qilingan. Rangsiz lak bilan boʻyalgan parket pol oynaday yaltillaydi. Juvon toʻgʻridagi oynadan eshikka qarab:
— Larya, chiq, kelishdi! — dedi.

Keyin oʻsha xonadan seryung qoʻngʻir sviter kiygan novcha Maksimich chiqib keldi:
— A-a-a? Roziya!.. Toshkentlik doʻstlar! Juda soz!

U mehmonlar bilan koʻrishar ekan, Sattorning ismini eslayolmay:
— Xush koʻrdik, kollega! — dedi. — Tanishinglar, mening rafiqam Yelena Lьvovna.

Ularga eshik ochgan xushbichim juvon Roziyaga qoʻl berayotib, oʻzini:
— Lena, — deb atadi. U endi oʻttizga kirgan, eridan oʻn yetti yosh kichik edi.

Maksimich Sattorlarni ichkariga boshladi. Hamma yoq ozoda va sarishtalik. Yon tomondagi xonaning kiya ochiq eshigidan polga toʻshalgan chiroyli gilamning bir cheti koʻrindi. Mehmonlar tuflilarini yechmoqchi boʻlishgan edi, uy egalari qoʻyishmadi. Shu payt yon tomondagi xonadan qizil tozi it chopib chiqdi: beli ingichka, oyoqlari uzun, boʻynida tasmasi bor. Roziya choʻchib oʻzini Sattorning panasiga oldi.

Sattor kulib shivirladi:
— Qoʻrqmang, tozi odamga tegmaydi.
— Elьza, bor joyingda yot! — buyurdi Maksimich. Tozi koʻzini moʻltiratib orqaga qaytdi va gilam toʻshalgan xonaga kirib ketdi.

Shunday kvartirada tozi it yurganidan mehmonlar taajjublanganini sezib, Maksimich miyigʻida kuldi-yu:
— Hayron boʻlmanglar, men ovni yaxshi koʻraman, — dedi. — Asli oʻzim oʻrmonzorlar orasida oʻsganman. Bu tozini tabiatning tirik bir zarrachasi deb oʻn sakkizinchi qavatda ham asrab yuribman. Tabiatni, umuman, tabiiy goʻzallikni men Xudo oʻrnida koʻraman.

Maksimich Roziyaga tomon oʻgirilib, uning yuziga zavqli bir nazar tashlab oldi. Boya Roziya telefon qilganda Maksimich bu qizning ajib bir tabiiy chiroyi borligini zslagan, uni yana koʻrgisi va sevgan yigiti bilan birga xotiniga ham koʻrsatgisi kelgan edi. Bir chekkasi shuning uchun Maksimich ularni uyiga taklif qilgan edi.
— Xiyol ozibsiz, Roziya, — dedi Maksimich. Roziya Sattorga yuzlanib mayin jilmaydi:
— Men boya Sattorga «ozibsiz» degan edim. Oʻzim ham ozibmanmi?
— Ammo ozgʻinlik ikkovlaringizga ham yarashar ekan. Toʻgʻrimi, Lena?

Hijron azoblaridan keyingi uchrashuv bugun Roziyaning chiroyini shunday ochib yuborgan ediki, uning butun borligʻidan qizlik jozibasi yogʻilib turganga oʻxshardi. Sattorning yuzida ham sevimli yigitlarda boʻladigan mardona bir latofat barq urib turibdi. Ular bu uyga oʻzlari bilan birga faqat sevishganlardagina boʻladigan sehrli bir goʻzallik va nazokat olib kirganday boʻlishdi. Maksimich gʻalati bir ochiqlik bilan:
— Lena, bularga bir qara! — dedi. — Tabiat ikkovini faqat bir-biri uchun yaratganga oʻxshaydi-ya! Bir-biroviga shu qadar munosib tushganlari ajoyib! Odamning havasi keladi-ya!

—Sen bularni uyaltiryapsan, Larya! Sattor gapni hazilga burdi:
— Hechqisi yoʻq. Maksimich bizga yoqadigan gaplarni aytyapti! Toʻgʻrimi, Roziya?
— Albatta!

Hammalari bir kulib olishdi.

Uy bekasi Sattor bilan Roziyaga divanda joy koʻrsatdi. Maksimich ularning qarshisiga kreslo surib oʻtirar ekan:
— Lenochka, endi bularning baxti uchun bir ryumkadan ichmaksak boʻlmas! — dedi.
— Albatta-da! Sizlar bu yerda ishga oid gaplaringni gaplashib olinglar. Ungacha biz narigi xonada stol tuzaymiz. Ksenya! — deb Yelena Lьvovna eshikdan chiqayotib oshxonadagi uy xodimasini chaqirdi.

Roziya Sattorga ohista koʻz tashlab oldi-da, uning nomidan ham gapirayotganday boʻlib Maksimichga yuzlandi:
— Uyda ishlash uchun javob olgan ekansiz, Illarion Maksimilianovich. Biz sizni bezovta qildik.
— Men ham oʻshanda sizni ovora qilgan edim-ku, Roziya! Avtobuslarda qanaqa yurganimizni boya Lenaga aytib berdim, ikkovimiz rosa kulishdik... Xoʻsh, endi... Toshkentda metro qurish masalasiga kelsak, bu, albatta, juda murakkab, juda katta ish. Bunday ulkan masalalar osonlikcha hal boʻlmaydi.
— Oʻzi ham bir toʻxtab qoladi, bir yurishib ketadi, — dedi Sattor.
— Hozir yurishayotgan payti shekilli?..
— Bilmadim, yuqorida nima deyisharkin?..
— Biz toshkentlik oʻrtoqlarning takliflarini quvvatlab, maxsus bir xat yozgan edik. «Natija nima boʻldiykin?» deb hozir yuqoridagi bir oʻrtogʻimga telefon qildim. Sizlarni quvontirishim mumkin. Toshkent metrosiga taalluqli loyiha topshiriqlari yaqin haftalarda yuqoridan oʻtib, muhokamadan hukumatning tasdigʻiga chiqarilsa kerak.

Roziya quvonib Sattorga yuzlandi, goʻyo uni koʻzlari bilan tabriklab:
— Ajoyib yangilik-ku! — dedi.

Sattor koʻpdan kutayottan bu xushxabardan kuvonish bilan birga, bir oz tashvishga ham tushdi:
— Biz loyiha topshiriqlariga aniqliklar kiritmoqchi edik, avvalgi variantida chatoq joylari bor edi. Bu yogʻi qandoq boʻladi, Illarion Maksimilianovich?
— Hali loyiha topshirigʻi tasdiqlangandan keyin ham to qurilish boshlaguncha koʻp vaqt oʻtadi, — dedi Maksimich. — Ba’zan yillar davomida tadqiqot ishlari olib boriladi, tayyorgarlik koʻriladi. Koʻp narsa chizmalar tuzilganda aniqlanadi.

Sattor xiyol oʻylanib turdi-yu:
— Men bir oddiy loyihachiman, Illarion Maksimilianovich, — dedi. — Yuqorilarda boʻladigan gaplarga koʻp ham aralasholmayman. Bir masalada oʻzimning boshligʻim bilan bahslashib yurib, uni zoʻrgʻa koʻndirgan edim, Moskvaga kelib gapim yana oʻtmay qoldi.
— Qanaqa gap?
— Loyiha topshirigʻiga binoan ochiq usulda kurilmoqchi boʻlgan bir uchastkani men yopiq usulda koʻrinshi taklif qilgan edim.

Sattor shunday deb, chinorlar va emanlarni olib qolish uchun qilayotgan harakatini gapirib berdi.
— Iqlimizni koʻrgansiz, bizda bunday daraxtlar oltinga topilmaydi.
— Moskvada kim bilan gaplashdilaring?
— Xamma ish Pyotr Samoylovichning qoʻlidan oʻtar ekan. Biz boshligʻim ikkalamiz hozirgi gaplarni unga yozib yuborgan edik. Kecha kirsak, hammasini choʻtga solib, hisob-kitob qilib qoʻyibdi. Yopiq usul qimmatroq emasmi? Agar oʻsha yuz oʻnta daraxtni olib qolish uchun yopiq usulda qurilsa, har chinor bir necha ming soʻmga tushar emish. Pyotr Samoylovich shuni aytib taklifimizni rad qildi.
— Ha, Pyotr Samoylovich har bir tiyinni oʻn marta sanaydigan odam. Uning tejamkorligi yaxshi-yu, lekin tabiatning qadrini pul bilan oʻlchab boʻladimi?

Maksimich oʻrnidan turib, qalam-daftar topdi-da, xotira uchun ba’zi narsalarni yozib qoʻydi.
— Men ikki-uch kunda ishga qaytaman. Oʻshanda Pyotr Samoylovich bilan oʻzim gaplashaman. Tejamkorlik uchun boshqa imkoniyatlar bor. Ammo yuz yillik chinorlar... U odam Toshkentni koʻrgan emas-da, daraxtlar oʻrmondagiday oʻzidan-oʻzi oʻsib yotadi, deb oʻylaydi. Har bir daraxt uchun odamlar ariq kovlab, suv chiqarib, yer chopib, qancha mehnat sarflashini koʻz oldiga keltirolmaydi... Bu-ku, odamlar ter toʻkib oʻstirgan daraxtlar ekan. Oʻsha bizning oʻrmonlarda oʻzi oʻsib yotgan qaragʻaylar behuda nobud qilinganini qoʻrsam, mening hayotimda ham aziz bir narsa nobud boʻlganday ezilib ketaman. Axir biz ham tabiat farzandimiz. Agar tabiat yoʻqolsa, biz ham yoʻq boʻlib ketamiz. Bilasizmi shuni?
— Sal-pal bilsam kerak. Men xam tabiat bagʻrida oʻsganman. Mening sezishimcha, tabiat vayron filingan joyda odamlarning buzilishi osonlashadi.

Maksiich bu soʻzlardan ta’sirlanib ketib:
— Koʻlingizni bering! — dedi. — Biz siz bilan maslakdosh ekanmiz, juda yaxshi aytdingiz. Tabiat biz uchun faqat tashqi dunyo emas. Biz oʻz ichki dunyomizni ham faqat tabiat yordamida chinakam goʻzal qila olamiz!

Shu payt Yelena Lьvovna ularni narigi xonadagi dasturxonga taklif qilib kirdi.
— Ax, Larik, yana tabiatdan gap ochdingmi? Mening erim bu mavzuda ikki-uch soatlab gapirsa ham, gapi tamom boʻlmaydi! Qani, mana bu uyga marhamat.

Stol tuzalgan xonadan yoqimli qovun hidi keldi. Dasturxonga gardish kilib soʻyilgan ikki tarelka qovun ham qoʻyilgan edi.
— Mehmonlar juda gʻalati qovun olib kelishibdi! — dedi Yelena Lьvovna eriga. — Ksenya tatib koʻrib, «umrimda bunaqa shirinini yemagan edim» deydi.

Sattor bilan Roziya «xayriyat, yaxshi chiqibdi» deganday bir-birlariga mamnun qarab olishdi.
— Men tabiat toʻgʻrisida gapirsam, senga yoqmaydi, Lena. Lekin mana shu qovun ham tabitatning bir moʻ’jizasi emasmi? Bir donasi oʻn-oʻn besh kishini toʻydiradi. Hidining ajoyibligini qara! Men bultur Toshkentga borganimda ikki dona yaxshi qovun olib berishdi. Mehmonxonaning nomeriga olib kirib qoʻydim. Kuni bilan yurib, kechqurun kelsam, nomerim shunday bir muattar hidga toʻlib turibdiki, havoni simirib nafas oldim-u, yayrab ketdim.
— Haqiqatan, benzin hidiga toʻyingan shahar havosida tabiatning xushboʻy narsalari kishiga juda boshqacha tuyuladi, — dedi Yelena Lьvovna ham endi eriga yon berib. — Larya, qani, endi gapdan ishga oʻtaylik...

Dasturxonda qovurilgan tovuq, osetra baligʻi, qora ikra, jajji qadahlar va bir shisha «Pliski» konьyagi turar edi.
— Durustroq vinomiz qolmagan ekan, biz ham ozgina konьyak icha qolamiz, toʻgʻrimi? — deb Yelena Lьvovna Roziyaga jilmayib karadi: — Oling!

Roziya konьyakdan koʻrqar edi, zoʻrgʻa bir qultum ichdi. Shuning oʻzidan ham badani qizib, yuzlari lovillay boshlaganini sezdi. Mezbonlar yana qadah taklif qilishganda, ryumkani labiga tegizdi-yu sekin qaytib qoʻydi.
— Ozgina oling, — dedi Sattor oʻzbekchalab.
— Mast boʻlib qolaman, — shivirladi Roziya. Yelena Lьvovna ularning gaplarini tushunmasa ham, shivirlashlariga va mayin muomalalariga qarab, ikkovini yaqinda oila qurgan kuyov-kelinga oʻxshatdi.
— Kuyovingiz yoningizda-ku, nimadan qoʻrqasiz, oling! — dedi Yelena Lьvovna Roziyaga tegishib.

«Kuyov» soʻzi Sattorga olovday tegdi. U mezbonlarni adashtirish yaxshi emasligini oʻylab, Roziyaga «Rostini aytaymi?» deganday qilib qaradi. Roziya «Yoʻq!» deganday bosh silkib, konьyakdan yana bir qultum ichdi. Soʻng ancha dadillashib, uy bekasidan soʻradi:
— Siz bizni er-xotin deb oʻyladingizmi? Yoʻq, biz...
— Ax, unday emasmi? Men negadir oʻylabmanki, sizlar asal oyining gashtini surib yurgan yoshgina kuyov-kelin...

Bu gapdan mehmonlar oʻngʻaysizlanayotganini koʻrib, Maksimich xotinining soʻzini boʻldi:
— Lena, buning ahamiyati yoʻq. Asli oʻzi eng shirin asal oylari uylanishdan oldin boʻladi!

Kulishdi. Maksimich qadahlarni yana toʻldirar ekan, soʻzida davom etdi:
— Eng muhimi nima? Gunafsha koʻrindimi, demak bahor kelyapti, erta-indin atirgul ham, albatta, ochiladi. Chunki tabiatning yoʻlini hech kim toʻsolmaydi.

Sattor oʻz dardini eslab ogʻir tin oldi-da:
— Aytganingiz kelsin! — deb qoʻydi.

Maksimich Sattor bilan Roziyani qiynab yurgan qandaydir muammo borligini sezdi. Ammo ularning ichki sirlariga aralashgisi kelmadi.
— Men mana shu qadahni, — dedi, — ikkovlaringizning bahorlaringiz uchun ichaman.
— Men Larikning tostiga qoʻshilaman! Chindan ham sizlar bilan birga uyimizga bahor havosi kirib kelganday boʻldi.

Bu soʻzlar kelin-kuyovlik haqidagi boyagi taxminga qoʻshilib Roziyaning hayolini shunday band qilib oldiki, u oʻtirishning qolgan qismi qanday oʻtayotganini elas-elas payqar edi.

«Muhabbatni astoydil e’zozlaydigan odamlar bunaqa boʻlar ekan-u, — derdi u oʻzicha. — Boʻlmasa biz kimmiz? Bularga nima yaxshilik qilibmiz? Bularning oʻz hayotlarida muhabatning qadri baland. Shuning uchun bizning muhabbatimizni ham... hurmat qilishadi. Qiziq: «Biz Sattor bilan bir-birimizni sevishimiz shu qadar sezilib turar ekanmi, uy bekasi haligi gaplarni aytdi. Kuyov-kelin...» Bu soʻzlar Roziyaning qalbiga tushgan bir choʻgʻ boʻldi-yu, hamma tuygʻularini alangalantira boshladi.

Sattor Roziyaning koʻnglidan oʻtgan narsalarni sezib turganday unga tikilib qaradi-da, sirli kulimsirab qoʻydi. U mezbonlarga tan berganini aytmoqchi edi. Boya kelganlarida Maksimichning xotini eridan oʻn besh-yigirma yosh kichik koʻringan, Sattor bundan bir oz taajjublangan edi. Hozir Yelena Lьvovna bilan Maksimichning yoshlaridagi farq bilinmay ketdi. Maksimich xotinining yonida allanechuk juda yosharib qoldi.

«Mehr yoshartiradi-da, — oʻzicha oʻylandi Sattor. — Muhabbatning yoʻli toʻsilmasa shunday boʻladi. Maksimich muhabbatni tabiatday zoʻr kuch degani bejiz emas!..».

Sattor Roziya bilan koʻz urishtirib, goʻyo uning xam roziligini oldi-da, qadah koʻtardi.
— Biz bu yerda goʻzal bir tabiat bagʻrida oʻtirganday yayrab oʻtiribmiz, — dedi. — Bizni shu qadar ochiq koʻngil bilan kutayotganlaringiz uchun toʻrt devor ichida oʻtirganimiz ham esimizdan chiqib ketyapti.
— Rost! — xitob qildi Roziya. Sattor uning koʻnglidagini topib aytgani behad yoqimli edi.
— Endigi tilagimiz shuki, — Sattortng ovozi beixtiyor pasaya boshladi: — Biz Roziya ikkovimiz ham... sizlarni... oʻz uyimizda shunday yayratib mehmon qiladigan kunlarga yetaylik!

Sattor «oʻz uyimizda» degan soʻzni shunday aytdiki, buning tagidagi ma’noni faqat Roziya tushundi. Bu soʻz juda shirin edi-yu, ammo tagi kovlansa taxiri chiqadiganga oʻxshardi. Roziya hozir uni kovlashtirgisi kelmadi. Yelena Lьvovna bilan qadahini urishtirib:
— Toshkentda mehmon boʻlishlaringiz uchun! — dedi.
— Bitta olloverdisi bor! — dedi Maksimich. — Qoʻshimcha tilak shuki, Lena bilan birga uylaringizga borganda, yoʻlning bir qismini Toshkent metrosining poyezdida bosib oʻtaylik.
— Yashang! — zavqlanib dedi Roziya.
— Boʻlmasa yana bitta olloverdi, — dedi Sattorning ilhomi kelib: — Bizning Toshkent issiq joy: Maksimich bilan Yelena Lьvovna boʻlajak metrodan chiqqanlaridan keyin to manzilga yetgunlaricha toliqib qolishlari mumkin, shuning uchun ikkovlari bugun biz aytgan chinorlar bilan emanlarning soyasida birpas salqinlanib oʻtsinlar! Oʻshangacha bu daraxtlar omon tursin!

Maksimich yana boyagiday ta’sirlanib:
— Qoʻlni bering! — dedi. Sattor kaftini tutgan edi, Maksimich qoʻlining uchi bilan yengilgina urib qoʻydi. — Biz bu tilaklarni roʻyobga chiqarmaguncha qoʻymaymiz!

Roziya bunaqa mehmondorchilikda Sattor bilan birinchi oʻtirishi edi. Sattor Maksimichga chindan ham yoqib qolayotgani Roziyaning koʻnglini oʻstirar, qalbidagi mehrga mehr qoʻshar edi. «Qiziq! — deb Roziya oʻzicha oʻyladi. — Agar Maksimich Sattorning oilasi borligini bilsa nima derkin? Boyagiday pinagini buzmay, «buning ahamiyati yoʻq» deyishi ham mumkin».

Roziyaning oʻziga hozir buning ahamiyati ilgarigiday katta koʻrinmas edi. Ichimlik uni begʻam va botir qilib qoʻydimi yoki bu davrada koʻngli oʻsib, oʻziga ishonchi oshdimi, har qalay, Sattor ikkovining oldida turgan ishkallik endi yechish mumkin boʻlgan bir tugunga oʻxshab koʻrina boshladi. Qachondir bir vaqt Sattor bilan Roziyaning taqdirlari qoʻshilishiga uning ishongisi kelardi. Bu yoʻlda uchraydigan hamma dovonlarni oshib oʻtishga yetadigan bir kuch hozir qalbida mavjlanib turganga oʻxshardi.

Bir vaqt ular mezbonlar bilan xoʻshlashib chiqib, liftga kirdilar. Liftda boshkd hech kim yoʻq edi. Sattor eshikni yopayotib, zavqli tovush bilan:
— Qoyilmisiz? — dedi.
— Mezbonlargami? — soʻradi Roziya. — Qoyilman. Sizga ham!

Sattor liftning pastga olib tushadigan tugmasini bosmoqchi edi. Tugmani bosmasdan Roziyaga oʻgirildi:
— Menga qoyilsiz?
— Ha, bugun juda ilhomingiz keldi!

Roziya boʻ soʻzlarni Sattorga mehri tovlanib, koʻzlari porlab aytdi. Sattor buni sezdi-yu, liftni ham unutib Roziyaga yaqinlashdi. Boshqa vaqtda unga aytolmaydigan, aytishga tili bormaydigan soʻzlari yuragiga quyilib keldi.
— Roziya, men siz bilan birga boʻlsam, jahonda hech bir odamdan qolishmayman, deb oʻylayman. Oʻzimni shunday qudratli sezamanki, baxt degan narsaning bir nishonasi shu boʻlsa kerak. Sizda meni yuksaklarga undaydigan bir kuch bor. Men faqat siz bilan birga chinakam olijanob odam boʻla olishimni ayriliq kunlarda sezdim!

Roziya liftning toʻxtab turganini sezib, tugmasini bosdi. Lift mayin silkinib pastga tushayotganida Roziyaning tovushi olinib:
— Sattor, buni men ham sezaman, — dedi. — Lekin...
— Shoshmang! Bugun biz Moskva metrosida yurdik. Toʻgʻrimi? Yigirmanchi asrning moʻ’jizalaridan biri shu. Jahon saviyasida fikrlashni talab qiladigan ish. Biz shu ishga ishtirok qilayotganimizdan faxrlansak arziydi. Lekin siz haligiday «alvido» deb ketganingizdan keyin men bu ishni ham tashlab ketmoqchi boʻldim. Endi eslasam hayron boʻlaman. Birdan oʻn yil orqaga ketib qolgan ekanmanmi deyman. Xayriyat, boshligʻimiz javob bermadi. Boʻlmasa bugun koʻrisharmidik, yoʻqmi...

Kutilmaganda Roziya qoʻllarini Sattorning koʻkragiga qoʻydi. Tabiat ularni bir-birlari uchun yaratganiga hozir Roziyaning ishongisi kelar edi.
— Mayli, endi ixtiyor sizda, — dedi u ehtirosdan boʻshashgan tovush bilan. — Men sizga ishonaman, Sattor. Siz uchun hamma qiynoqlarga tayyorman!..

... Lift allaqachon pastga tushib toʻxtagan edi. Kimdir eshikni ochdi. Sattor Roziyani qoʻlidan olib tashqariga boshladi.

13

Avgustning oxirlari edi. Terimga tushishdan oldin uch-toʻrt kun boʻsh vaqt berilgan. Oyshaxon ayvonning soya tomonida ish tikib oʻtirar, pastdagi gulzorda oʻgʻilchasi Muxtor kapalak quvib yurar edi.

Shu payt darvozadan Sattor kirib keldi. U oʻtgan gal kelganida qovogʻini ochmagani va oxirida xafalashib ketgani uchun Oyshaxon erini, yana uch-toʻrt oysiz kelmaydi, deb yurar edi. Endi Sattorning allanechuk muloyim boʻlib hovliga kirib kelganini koʻrdi-yu, quvonib ayvondan yalang oyoq chopib tushdi:
— Voy, Sattorjon aka, qanday shamol uchirdi! — deb erini yelkasidan olib koʻrishdi, darrov qoʻlidan chamadonini oldi. — Muxtor, chop, dadang bilan koʻrish!

Lablarida yaqinda yegan qovunining shirasi qolgan loʻppi yuzli bolacha bir qoʻli bilan oyisining etagidan tutgan holda ikkinchi qoʻlchasini dadasiga koʻrishish uchun uzatdi. Koʻzlari yaltillab, eshitilar-eshitilmas tovush bilan:
— Assayom! — deb shivirladi. Sattor uning qoʻlchasini kaftiga olib sekin silkitar ekan, yuragi «jiz» etdi. Moskvadan koʻngliga tugib kelgan niyatini amalga oshirishi endi avvalgadan qiyinroq tuyuldi. U atrofga alanglab:
— Ayam koʻrinmaydimi? — dedi.
— Ayam rayonga ketganlar. Topshirgan pillalariga gazvor berarmish. Kechqurun keladilar.
— Hamma sogʻmi axir?
— Ha, shukur, eson-omon yuribmiz.

Sattor onasi uyda yoʻqligidan oʻzicha mamnun boʻlib qoʻydi. U avval Oyshaxon bilan yakkama-yakka gaplashmoqchi edi. Chamadonini ochib, Muxtorga olib kelgan oʻyinchoq mashinalarni olib berdi:
— Bor, ana u soyada oʻyna, — deb soʻrini koʻrsatdi. Oyshaxonga qarab: — Ichkariga kiramiz, gap bor, — dedi.

Sattor bugun juda boshqacha. Uning muloyim gapirishi Oyshaxonga avval yoqdi, keyin esa mehmonga kelgan begona yigitning sipoligiday sovuq tuyuldi. Oyshaxon choy damlab kirmoqchi edi, Sattor:
— Choy kerak emas, — deb uyga kirib divanga oʻtirdi. — Qani, sen ham oʻtir.

Oyshaxon yomon bir koʻngilsizlikni oldindan sezayotganday yuragi uvushib, atlas roʻyjo yopilgan sim karavotning bir chetiga omonatgina oʻtirdi.
— Oysha, men sen bilan bugun ochiqchasiga gaplashmoqchiman.
— Nimani?
— Ikkovimizning turmushimiz notoʻgʻri qurilganini. Bilasanmi, devor qiyshiq urilsa, bir kun emas, bir kun qulaydi.

Oyshaxon karavotdan yiqilib ketayotganday boʻlib, yalltiroq nikelь dastani mahkam changalladi.
— Bu nima deganingiz?!
— Biz eskicha turmush qurganmiz, toʻgʻrimi? Ota-onaning izmiga boʻysunganmiz. Bir-birimizning koʻnglimiz bilan hisoblashmaganmiz. Mana endi buning jabrini tortib yuribmiz.
— Men sizdan jabr koʻrganim yoʻq. Birda-yarimda qiynalgan boʻlsam, hammasiga chidab yuribman. Yo meni birov sizga yomonlab bordimi? Birovlarning gapiga ishonmang, Sattorjon aka! Mana, tepamizda Xudo turipti! Men oʻlgunimcha sizga sodiqman!

Oyshaxon otashin boʻlib ayttan bu soʻzlar uning Sattorni astoydil sevishini koʻrsatib turar edi. Ammo oʻzi suymagan xotinining sevgisi bu gal ham Sattorga malol keldi.
— Gap birovlarning yomonlashida emas!

Sattor «men senga koʻngilsizman» degan fikrni yotiqroq qilib tushuntirish uchun soʻz qidirdi:
— Men oʻzim... juda qiynalib yuribman. Koʻr-koʻrona turmush qurishning jabrini men tortyapman!

Oyshaxon bu gaplarni yana boshqacha tushundi:
— Besh yildan beri shaharda bir oʻzingizga qiyin boʻlayotibdi, bilaman, oʻtgan gal aytdim-ku, bizni olib boring, ijara boʻlsa ham mayli...
— Gap uyda emas, axir, Oysha, nahotki hech narsaga farosating yetmaydi! Gap mehrda! Gap koʻngilda! Menda mehr yoʻq, tushundingmi?!

Oyshaxon karavotni shiqirlatib, oʻtirgan joyida bir qimirlab oldi. U «erim menga sodiqmi, yoʻqmi» deb koʻp ham bosh qotirmas edi. U Sattorni yaxshi koʻrishi va unga sadoqat saqlashi goʻyo ikkovlari uchun ham yetarli edi. Sattorning oʻtgan galgiga oʻxshash sovuq muomalasini esa Oyshaxon kechirish mumkin, deb oʻylar edi. «Odamlarning eri uradi, ogʻizga olib boʻlmaydigan soʻzlar bilan soʻkadi. Sattorjon akam meni hali chertgan ham emas!» deb oʻzicha faxrlanib yurar edi. Mana endi eri oʻzining bemehrligini aytyapti.
— Mehr koʻzda, deyishar edi, siz bizdan uzoklarda yurib mehringizni yoʻqotgandirsiz.
— Bor boʻlsa yoʻqotar edim, yoʻqni yoʻqotib boʻladimi?
— Yoʻq?! — rangi boʻzday oqarib soʻradi Oyshaxon.

U birga oʻtkazgan yillaridan himoya istar, yuzlab odamlar ularga ok fotiha bergan toʻylaridan madad olmoqchi boʻlar edi. Ammo Sattor u tayanmoqchi boʻlgan hamma ustunlarni bir-bir qulatib borayotganga oʻxshardi:
— Men oʻshanda oʻqimoqchi edim, Oysha, toʻy boʻlishiga qarshi edim. Men oʻzim ham aybdorman! Yomon xato qilganman! Qochib ketmaganimga keyin ming pushaymon boʻldim! Oriyat deb meni majbur qilishgan edi...
— Endi buni menga nega aytasiz?
— Axir sen ham haqiqatni bilishing kerakmi, yoʻqmi? Yoki umrbod bu sovuq turmushga koʻnikib oʻtib ketmoqchimisan?

—Sovuq boʻlsa siz uchun sovuqdir, men uchun emas!..

Sattor bu javobdan tang qolib, oʻrnidan turib ketdi. Oyshaxon ham beixtiyor oʻrnidan turib, karavotning yaltiroq dastasidan ushlagan hodda Sattorga baqrayib qaradi. Uning rangi qonsiz, koʻzlari allanechuk toʻxtab qolgan. U Sattorning qarshisida xuddi muallimidan qattiq dashnom eshitayotgan talabaga oʻxshab turardi.
— Sen oʻzingni mening oʻrnimga ham qoʻyib koʻrgin, Oysha. Koʻzingni kattaroq ochib ahvolimga bir qaragin! Agar mening senga astoydil koʻnglim boʻlganda besh yildan beri koʻchirtirib olib ketmasmidim? Yoki oʻzim yoningga kelmasmidim! Odamlar sevgan xotinlari uchun nimalar qilmaydi. Men esa... bu yerga boʻynidan boylanganday majbur boʻlib kelaman. Sal narsadan ensa qotgan, asab buzilgan... Bu hali uch-toʻrt oyda bir kelib ketganim uchun boʻlayotgan holvasi. Agar doim birga turadigan boʻlsak, turmushimiz jahannamga aylanib ketadi. Har kuni urish-janjal qilib, sharmanda boʻlib yurib, oxiri bir kun ajrashishga majbur boʻlamiz. Undan koʻra hozir yaxshilikcha bir bitimga kelaylik!

Oyshaxon sim karavotning dastasiga suyanganicha indamay yerga qarab turar, faqat a’zoyi badani zir titrar edi. Uning titrogʻi suyanib turgan karavotiga ham oʻtib, temirlarni ham shiqirlatardi. Sattor uning yuzi oʻzgarib allaqanday jonsiz boʻlib qolganini koʻrdi-yu «Nima qilib qoʻydim?» deb kalimaga kelib:
— Axir... ajrashmoqchimisiz? — dedi.
— Boshqa chora yoʻq. Men sendan yomonlik koʻrgan emasman, Oysha. Shuning uchun yaxshilikcha orani ochiq qilib ketmoqchiman. Menga hech narsa kerak emas. Uy, buyum, mol-hol hammasi senga qolsin. Bola bor. Uning uchun qonun talab qilgan nafaqani toʻlab turaman...

Oyshaxondan sado chiqmas edi. Sattor «Hamma gapni aytdim», deganday qilib hovliga chiqib ketdi.

Oyshaxonning koʻzi qarshidagi devorga tushdi. Toʻylariga onasi bilan birga tikkan koʻk baxmal soʻzana devorni enlab, ipaklari hali ham tovlanib turibdi. Soʻzananing ustiga Sattor bilan Oyshaxonning guldor ramkaga solingan rasmlari yonma-yon osib qoʻyilgan. Buni ham Oyshaxon oʻzi qilgan edi. U Sattorni sogʻinganda devordagi rasmga uzoq-uzoq tikilardi. Sattorning yoʻliga koʻzi toʻrt boʻlib, kechalari yolgʻiz tunaganda, bu rasm goʻyo uning yolgʻizligini bildirmas edi. Mana endi uning kutadigan Sattori yoʻq. Endi bu odam uni umrbod tashlab ketadi!

Oyshaxonni devordagi soʻzana ham, rasm ham chaqib olganday boʻldi. U birdan boʻgʻilib, nafasi qaytib, uydan tashqariga intildi.

Ayvonda Muxtor mashina oʻynab oʻtiribdi. Tomning boʻgʻotida musicha kukulayapti. Qovogʻari sekin gʻoʻngʻillab uchib oʻtdi. Olam shunday tinch, osmon oʻz oʻrnida turibdi, suv oʻz arigʻida osoyishta oqyapti. Faqat Oyshaxonning oʻy-hayollari toʻs-toʻpolon boʻlib ketgan, butun his-tuygʻulari joyidan qoʻzgʻalgan. Ajrashish haqidagi gaplar uning vujudiga zahar boʻlib tarqalyapti. Oyshaxon najot istaganday atrofiga alangladi.

Uning koʻzi tovuq katagining tomi ustiga yoyib qoʻyilgan qovun qoqiga tushdi. Oyshaxon bu qovun qoqini «Sattorjon akam yaxshi koʻradilar, Toshkentga koʻchib borsak kishda yeymiz» deb qilgan edi. U Sattorning bu yerga kelolmasligini bilgandan beri «bir kuni kelib bizni albatta, koʻchirtirib ketadilar» deb ishonar edi. Oyshaxon Sattor olgan kvartirada koʻp qavatli binoning beshinchimi, oltinchimi qavatida qanday yashashlarini oʻylab, kuni kecha bir talay orzular qilgan, turli-tuman rejalar tuzgan edi. Mana endi buning hammasi puch yongʻoq boʻlib chiqdi. Birpasda Oyshaxonning hamma orzu-umidlari chil-chil sindi.

Bostirmadagi ola sigir arqonini tarang tortib, Oyshaxonga tomon intildi-da, ovqat soʻraganday bosiq bir tovush bilan ma’radi. Unga oʻt oʻrib kelish kerak. Oyshaxon biror ishga unnasa sal yengil tortadiganga oʻxshadi. Oʻroqni olmoqchi boʻlib narigi uyga oʻtayotgan edi, soʻrida peshanasini kaftiga qoʻyib hayol surib oʻtirgan Sattorni koʻrdi. Keyimlari, sochi, boʻyni hammasi shunday ozoda, shunday chiroyli, oʻtirishi ham shunday shaharcha, nazokatli! Oyshaxon oʻzi bilan erining orasida farq naqadar katta ekanini endi chetdan koʻrganday boʻldi. «Oʻziga munosib qizni shahardan topgan boʻlsa kerak!» degan alamli oʻy yuragini oʻrtab yubordi. U toʻsatdan Sattorning tepasiga keldi-yu:
— Men bilan ajrashib, shahardagi yaxshi koʻrganingizni olmoqchimisiz? — dedi.

Oyshaxon Sattorning «yaxshi koʻrgan hech kimim yoʻq» deyishini istardi. Sattor uning shubhasini rad etsa, Oyshaxonning koʻngli sal taskin topadiganga oʻxshardi.

Sattor unga achinganday boʻlib karadi-yu:
— Nima qilay, hayot shunaqa ekan, — dedi. — Sening ham erking qoʻlingda boʻladi-ku, Oysha. Hali yoshsan, men bilan turmush qilib yolchigan emassan. Balki boshqa birov...
— Bas! Er sizdaka boʻladigan boʻlsa, men dunyodan ersiz oʻtaman!
— Ixtiyor oʻzingda. Faqat sendan iltimos... Bejanjal, yaxshilik bilan ajrashaylik.

Shunday yomon ishni Sattor yaxshilik bilan qilmoqchi boʻlayotganini Oyshaxonni tutaqtirib yubordi:
— Siz menga bunaqa muloyim xunuk gaplarni aytmang! Undan koʻra Azroil boʻlib jonimni olganingiz yaxshiroq! Chala oʻlik kilib ketguncha, oʻldirib keting meni!

Ayvonda oʻynayoggan Muxtor oʻyinni ham unutib onasiga koʻzining paxtasini chiqarib qarab qoldi. Sattor iloji boricha yotigʻi bilan yurakdan chiqarib aytgan soʻzlari Oyshaxonni bunchalik daxshatga soladi, deb hech oʻylaagan edi, dovdirab qoldi.
— Oysha, oʻzingni bos, iltimos qilaman, Oysha!.. Sattorning soʻzini hech vaqt yerda qoldirmagan, hamisha yuvosh, qobil-moʻmin Oyshaxon hozir uning iltimosiga quloq ham solmas, hovlining oʻrtasida turib, titrab-qaqshab:
— Pichoqni olib chiqing! Soʻyib keting meni! — derdi.

Muxtor yigʻlab oyisiga tomon intildi. Sattor sarosima boʻlib Oyshaxonni tirsagidan oddi:
— Esingni yigʻ, Oysha! Muxtorni qoʻrqityapsan! Bolangga qara! Oyshaxon Sattorning qoʻlidan hazar qilganga oʻxshab siltanib, tirsagini boʻshatib oldi:
— Qoʻlingizni torting! Men «puf sassiqman!». Sattor uni sevmasligi, u bilan ajrashib, sevganini olmoqchi ekanligi Oyshaxonning qalbini shunday timdalayaptiki, ogʻrigʻiga chidab boʻlmaydi. Yigʻlasa, balki koʻz yoshlari bu ogʻriqni sal yumshatar edi. Ammo uning koʻzlari namsiz. Lablari ichki qiynoqdan tirishgan, yuzi yerday oʻngib ketgan.

Oʻgʻilchasi yigʻlab kelib etagiga yopishgan edi, Oyshaxon:
— Tegma menga! — deb etagini bolaning qoʻlidan chiqarib oldi. Uning koʻziga hozir bola ham koʻrinmas edi. U Sattorni chetlab oʻtaman deb yoz boʻyi oʻzi avaylab oʻstirgan nozik gul, boʻtakoʻzlarni bosib oldi. Ammo buni sezmadi. Boshi ogʻrib narigi uyga kirdi. Nega kirganini eslayolmay, ichkarida nafasi boʻgʻilib, darrov qaytib chiqdi. Soʻng tomorqani oralab uzoqlashib ketdi.

Bola unga ergashgan edi, Sattor qaytardi:
— Oyingni birpas oʻz holiga qoʻy. Jahli sal bosilsin. Yur, mashinalaringni oʻynaysan. Yur!

Sattor oʻgʻilchasini qoʻlidan tortib, yetaklab, ayvonning oddiga olib keldi. Ammo bolaning mashina oʻynagisi kelmas, u oyisi ketgan tomonga xavotirlanib qarab turar edi.

«Men senga azaldan bemehrman... Toʻy boʻlishiga qarshi edim. Oʻshanda qochib ketmaganimga pushaymonman... Axir sen ham haqikatni bilishing kerakmi, yoʻqmi?».

Sattor aytgan bu soʻzlarning har biri Oyshaxonni goʻyo chayon boʻlib chaqar edi. Oyshaxon bu soʻzlarni hayolidan uzoqlashtirmoqchi boʻlib atrofiga qaradi. Oʻt-oʻlanlar orasida daraxtdan toʻkilgan olmalar yumalab yotibdi. Uzoqda traktor tarilladi. Ufq qira, xavodan tuproq yogʻib turibdi. Qayerdadir chang-toʻzon boʻlgan. Oyshaxon hayolini shu narsalar bilan band qilishga tirishdi:

«Qurt yegan olmani sigirga terib bermoqchi edim... Traktor nima qilyapti ekan?». — Ammo toʻsatdan yana Sattorning gaplari hayoliga bosib keldi-yu boshqa narsalar bilan aralash-quralash boʻlib eshitila boshladi. «Agar mening senga koʻnglim boʻlganda, besh yildan beri koʻchirib olib ketmasmidim?». Osmon gʻubordan past boʻlib qolganga oʻxshaydi. «Odamlar yaxshi koʻrgan xotinlari uchun nimalar qilmaydi! Men esa boʻynidan boylaganday majbur boʻlib kelaman...» Sigir qurt yegan olmani yaxshi yeydi... Oyshaxonga hozir oʻzi ham, Sattor bilan kechirgan umri ham ayanchli va jirkanch koʻrina boshladi. Uy ham, hovli ham, tomorqa ham zaharli tuygʻularga toʻlib ketganga oʻxshardi. Oyshaxon bu tuygʻulardan qochib kutuladigan joy qidirib, tomorqadan nariga oʻtib ketdi.

U qayoqqa borayotganini oʻzi ham bilmas edi. Torgina soʻqmoq pastda toʻlqinlanib oqayotgan ulkan daryo boʻyiga kelib tamom boʻldi...

Hovlida qolgan Muxtor dadasining qoʻlidan yulqinib chiqdi-da, turtinib-qoqinib oyisining izidan ketdi.

Oyshaxon daryodan har kun suv oladigan joyiga kelib toʻxtadi.

Keng oʻzanda tarmoqlanib oqayoggan daryoning bir qismi bu yerda tosh aralash qumloq qirgʻoqqa «chilp-chilp» urilib oʻtar edi. Quyiroqda bu oqim daryoning asosiy oqimlari bilan qoʻshilib, vahimali girdobga aylanib ketar, nurab turgan pastki sohilni yil sayin yemirib, jar qilib borar edi.

Oyshaxon tuprogʻi suvga toʻkilib, nurab turgan oʻsha jarga qaradi-yu, Sattorning «devor qiyshiq boʻlsa bir kun emas, bir kun qulaydi» degan soʻzlarini esladi. Sattor buni ikkovlarining koʻngilsiz turmushlari haqida ayttan boʻlsa ham, hozir Oyshaxonning oʻzi oʻziga qiyshiq bir devor boʻlib koʻrindi. Sattor uni tashlab ketadigan boʻlsa, birovlar «qiyshiq boʻlgani uchun tashlab ketdi!» deb kulishini, boshqa birovlar: «Bundan uzoqroq yuraylik, yana ustimizga qulab tushmasin!» deb oʻzini tortishini Oyshaxon goʻyo oldindan his qiddi. U chidab turib boʻlmaydigan bir alamdan toʻlgʻanib, oʻziga oʻzi gapirdi:
— Tashlandiq xotin... qiyshiq devor... Qulaydi! Qulasa ham mana shu daryoga qulasin... Agar... Hech kim... Hammasini suv yashiradi...

Oyshaxon koʻzlarini katta-katta ochib, daryoga tikilib qoldi. Oʻzini chayonday chaqayotgan hamma zaharli tuygʻularni shu daryoga gʻarq qilib yuborishi mumkinday tuyuldi. Buning uchun Oyshaxon oʻzi ham gʻarq boʻlishi kerakligini his qildi-yu, seskanib, qirgʻoqdan ikki-uch qadam orqaga chekindi. Shunda hamma alamli oʻylar, hamma zaharli tuygʻular avvalgidan ham zoʻr bir kuch bilan vas-vas boʻlib bosib keldi. Uning koʻz oldi qorongʻilashdi. Nima qilayotganini oʻzi ham bilmagani holda nimchasini yechib yerga tashladi. Hayolida intiqom aralash bir oʻy tutunday buruqsar edi: «Hali pushaymon boʻladi! Hali koʻradi! Ha, ha...».

14

Hovlida yolgʻiz oʻzi qolgan Sattor Oyshaxonga aytgan gaplarini eslab, mulohaza qiib koʻrdi. Hammasi rost, hammasi uni koʻpdan beri qiynab yurgan haqiqat. Ammo, bu haqiqatni Oyshaxon koʻtara oladimi yoki biron korhol yuz beradimi? Mana shu oʻy uning hayoliga endi keldi-yu, Sattor birdan iztirobga tushdi. Ehtimol, onasining avzoyi bejoligini Sattordan koʻra bola tezroq sezgandir? Shuning uchun dadasining yonida qolgisi kelmay hovlidan yigʻlamsirab chiqib ketgandir?

Sattor oʻgʻli ketgan tomonga shoshilib joʻnadi. Soʻqmoqqa chiqqanda daraxtlar orasidan daryoning narigi cheti oynaday yaraqlab koʻrindi. Shu payt qirgʻoq tomonda bolaning dod solib yigʻlagani eshitildi. Sattor ovoz kelgan tomonga qarab yugurdi.

Muxtor oyisining telbaga oʻxshab bir narsalar deb gapirishi, oʻzini daryoga tashlaganini ancha beriroqdan koʻrgan edi. U qoʻrqqanidan oyisiga qarab emas, orqaga qarab chopib kelmoqda edi:
— Aya!.. Ayajon! Aya! — Bola Sattorni koʻrdi-yu, unga karab qoʻl choʻzdi: — Dadajon! Aya ketdi! Aya...

Vasvasga berilib bolasini ham unutgan Oyshaxon muzday toʻlkinlar ichida seskanib: «Nega bunday qildim?» dedi. U daryoning chuqur joyiga oʻzini tashlagan edi, choʻkayotib Muxtorning «Aya!» deb chinqirganini eshitdi. Onalik tuygʻusi endi oʻzini eslatdi. Oyshaxon jon-jahdi bilan yuqoriga intildi. Oyogʻi daryoning tagiga tegib qapchidimi yoki oqim yordam berdimi, Oyshaxon suzishni bilmasa ham, suv yuziga bir talpinib chiqdi. Shunda yorugʻ dunyo unga benihoya gʻanimat va aziz tuyuldi. U hozir bolasining yoniga chiqishni, yashashni istardi, tirik qolishga butun borligʻi bilan intilardi. Dunyoda oʻlimdan berahm, oʻlimdan mudhish narsa yoʻqligi unga endi bilinmoqda. Uning nazarida dunyo hozir suvga emas, oʻlimga toʻlib oqmoqda edi. Qirgʻoqlarga urilib oʻtayotgan berahm kuch uni oʻz qa’riga tortib ketdi. Oyshaxon, nafasi qaytib, suv yutib, yana koʻrinmay qoldi. Chinqirib yigʻlayotgan bolasiga soʻnggi marta qarab olishga ham ulgurmadi.

Uning yuzaga bir qalqib chiqqanini koʻrgan Sattor chopib kelayotgan koʻyicha koʻylagini yechdi, tuflisini oyogʻidan otdi-da, daryoga sakradi.

Qudratli oqim Oyshaxonning jar etagidagi girdoblarga tomon olib ketmoqda edi. Daryo boʻyida oʻsib, bu atrofda koʻp suzgan Sattor oʻsha girdoblardan hamisha qoʻrqar edi. Bu yerda yaxshi suzadigan odamni ham pastga tortib ketadigan bir oʻpqon bor edi. Bunday besh yil oldin shu yerda bir suvchi yigit choʻkib oʻlgani uning esiga tushdi.

Oyshaxon suv ichida talvasa qilib, qoʻl-oyoqlarini sermab tipirchilar, ammo ushlaydigan yo tayanadigan hech narsa topolmas, nafasi qaytib, suv yutib, hushidan ketib borar edi. Shu payt Sattor yetib keldi. Uning qoʻliga Oyshaxonning yoqasi ilindi. Sattor yoqadan tortib, endi yuzaga chiqqan paytda Oyshaxon jon achchigʻi bilan unga yopishdi-yu, boʻynidan mahkam kuchoqlab oldi. Oʻzini yoʻqotib qoʻygan Oyshaxon nima qilyotganini bilmas, Sattorni quchogʻidan qoʻysa soʻngi umididan ajraladiganga oʻxshar edi. Biroq, bu holatda suzib boʻlmas edi. Endi ikkovi birga choʻka boshladi. Sattorni vahima bosdi. Oyshaxon zilday ogʻir. Suv ichida tayanadigan joy boʻlmagani uchun durustroq siltanib ham boʻlmasdi. Sattor tizzasi bilan Oyshaxonning qornigami, biqinigami bir urdi. Shunda Oyshaxon uni qoʻyib yubordi. Sattor bir intilib suv yuziga chiqar ekan, tusmol bilan Oyshaxonning boshini topib, sochidan ushlab yuqoriga tortdi.

Nihoyat, ikkovlarining ham boshlari suv yuzida koʻrindi. Sattor entikib, suv purkab, nafasini rostladi. Oyshaxon hushidan ketgan edi. Sattor uni chalqancha qilib, bir qoʻli bilan koʻylagining yelkasidan ushlab oldi.

Bu orada ular mash’um girdoblarga yaqin borib qolgan edilar. Zoʻr oqimning asosiy qismi shu girdoblarga borib pasayar, oʻpqonga tushib, yoʻq boʻlib ketar edi. Ammo oqimning narigi chetida yirik soch oʻrimlariga oʻxshagan gʻayir toʻlqinlar girdobini chetlab oʻtar edi. Sattor butun kuchini ishga solib, oqimning oʻsha chetiga qarab suza boshladi. Bu oqim daryoning oʻrtasiga — boshqa vahimali oqimlarga qarab ketsa ham, quyiroqqa borib qirgoqqa yondashishini u yaxshi bilardi. Joni koʻziga koʻrinmagan boʻydoqlik davrida Sattor tengdosh yigitlar bilan bas boylashib, bir marta mana shu joydan suzib oʻtgan ham edi. Ammo hozir bir koʻlidagi ogʻir yuk bilan kuchli oqimning narigi chetiga oʻtish behad mushkul tuyuldi. U xatarli girdobga yaqin borib qoldi. Oqim jimib, girdobga singib ketayotgan joyda suv uni kuch bilan pastga tortdi. Sattor «endi tamom» deb oʻyladi. Ammo tirik qolish istagi, yashash ishtiyoqi unga shunday bir quvvat berdi, oʻlim xavfi uni shunday qamchiladi-ki, Sattorning oyoq-qoʻllarigina emas, butun vujudi, badanida bor har bitta muskuli suzgichga aylanib ketganday boʻldi. U jon-jaxdi bilan talpina-talpina soch oʻrimlariga oʻxshagan oʻsha chetki oqimga quloch otib kirdi. Bu oqim yordamida nishabga qarab suzish osonroq edi. Sattor ancha nariga borib, toshloq qirgoqqa yondashdi.

Oyshaxon xushiga kelib koʻzini ochsa, tepasida majnuntolning mayin egilgan shoxlari quyosh nurlarida nafis yiltirab turibdi. «Tirik qoldimmi?» degan oʻy hayoliga birinchi boʻlib keldi. Badani karaxt, u boshini bir yonga burdi. Koʻp yigʻlab koʻzi qizargan Muxtor oyisining qimirlaganini koʻrib, suyunib ketdi. Oyshaxon eshitilar-eshitilmas tovush bilan:
— Muxtorjon!.. — dedi. Bola toshloqda shaqir-shuqur yurib kelib, onasining yoniga choʻkkaladi. Oyshaxon yotgan kuyicha qoʻrgʻoshinday ogʻir qoʻlini zoʻrgʻa koʻtarib, oʻgʻlini bagʻriga bosdi. Shagʻalda ogʻir qadam tovushi eshitildi. Oyshaxon yuzini narigi tomonga oʻgirdi. Sochlari xoʻl, maykachan Sattor unga horgʻin koʻzlari bilan tikilib turibdi. Oyshaxon suv tagida kimgadir yopishganini gʻira-shira esladi. Kim edi u? Oyshaxon bilmaydi. U Sattordan hayiqib, yuzini Muxtorning panasiga oldi. Zaif labi titrab, boladan shivirlab soʻradi:
— Meni kim... olib chikdi?

Muxtor boshini koʻtarib, Sattorga bolalarcha bir iftixor bilan qaradi. Soʻng zavq bilan:
— Dadam! — dedi.

Bolacha otasini goʻyo endi tanigan va goʻyo endi astoydil yaxshi koʻrib qolgan edi. Oyshaxon buni sezdi-yu, koʻzlariga yosh quyilib keldi. U Sattorni pushaymon qildirmoqchi boʻlib oʻzini daryoga tashlaganidan endi ming pushaymon edi. Oʻzini oʻlimdan olib qolgan Sattorga esa uyalib qaray olmas edi.

Sattor uning qilgan ishidan qanchalik norozi boʻlmasin, hozir koʻziga yosh olayotganini koʻrib, yengilroq gap qidirdi:
— Suvni koʻp yutib rosa vodavoz boʻlib ketgan ekansan. Toʻkib-toʻkib zoʻrgʻa tamom qildim!

Sattor uni qoʻliga koʻtarib, ogʻzini pastga qilib, yutgan suvlarini qanday tushirgani Oyshaxonning koʻz oldiga keldi. U izza boʻlib oʻrnidan turishga intildi, ammo boshini koʻtarib ololmadi. Koʻngli behuzur boʻldi.
— Yot, qimirlama, hademay yaxshi boʻlasan, — dedi Sattor. — Ungacha ayam ham kelib qolar.

Sattor uning quruq nimchasini boshiga qoʻydi.

Xosiyat xola rayondan qaytganda Oyshaxon uyga keltirilib, divanga yotqizib qoʻyilgan, Sattor felьdsherni chaqirib, dori-darmon qildirgan edi. U Oyshaxonning oʻzini suvga tashlaganini onasiga ham, boshkalarga ham ataylab aytmadi. Gapni koʻpaytirgisi kelmay:
— Oyogʻi toyib tushib ketibdi, — deb koʻya qoldi. Oyshaxon ham buni tasdiqlar edi. Ajrashish haqida boʻlib oʻtgan gap faqat ikkovi biladigan ichki sir boʻlib qolishi Oyshaxonga dalda berar, keraksiz gap-soʻzlardan uni himoya qiladiganday boʻlar edi. Kechki payt voqeadan xabar topib Oyshaxonning onasi ham keldi. Sattor koʻchaga chiqib ketganda:
— Qudajon, bolam koʻzikkan, bunga ins-jins tekkan, irimini qilaylik, — deb Oyshaxonga isiriq soldi. Keyin uni hovliga suyab olib chiqishdi.

Xosiyat xola bitta joʻjaxoʻrozni kelinining oyogʻi tagiga keltirib soʻydi-da, qonidan chakkasiga ozgina surtdi. Oyshaxonni yelkasiga urib-urib qoqdi:
— Suqboʻlsang, chiq, hasad boʻlsang, chiq! Arvoh boʻlsang, goʻrga bor! Shayton boʻlsang, gʻorga bor!

Oyshaxon bunaqa irimlarning foyda berishiga ishonar, shuning uchun oʻzini tobora yaxshi his qilar edi.

Oqshom unga joʻjaxoʻrozning shoʻrvasidan ichirib yotqizishdi. Ertasi kuni Oyshaxon hiyla yaxshi boʻlib turdi va kundalik yumushlarini qilib ketdi.

U oshxonada shirchoy pishirayotganda Xosiyat xola bilan Sattor ayvonda gaplashib oʻtirar edilar.
— Bir Xudo deganimiz bor ekan-da, — dedi Xosiyat xola. — Boʻlmasa, bu daryo har yili qonsiraydi. Bitta-ikkita odamnimi, molnimi olib ketadi. Sening xabardor boʻlib qolganingni ayt-a, Sattorjon. Mana bu bolaginangning baxtimi, ishqilib, xotining bir oʻlimdan qolibdi!

Muxtor bir gʻildiragi chiqib ketgan mashinachasini Sattorning oldiga koʻtarib keldi:
— Dada, tuzatib bering!

Sattor gʻildirakni oʻrniga qoʻyib bergan edi, birpas oʻtmay Muxtor yana:
— Dada, bu sizga! — deb Sattorning oldiga qoshiq keltirib qoʻydi.

U Sattorning atrofida girdikapalak boʻlib yurardi. Goʻyo u dadasini endi topib olgan. Shu vaqtgacha Sattor qoʻl yetmas bir uzoqliqda yurar, Muxtor undan doim uyalar, tortinar, yaqiniga borishdan hayiqar edi. Kechadan beri dadasi unga behad yaqin, behad qadrdon boʻlib qolgan, Muxtor unga bolalarcha bir ixlos bilan qaraydigan boʻlgan. Bugun shirchoyni ham u Sattorning yonida oʻtirib ichdi.

Otalik hissi Sattorga ham juda iliq tuyulib, koʻnglining bir chetini yumshatib turar edi. Ammo koʻnglining tubida hali ham oʻsha toshday ogʻir tugun oʻrnidan jilmay yotibdi. U yoqda Sattorni deb ich-etini yeb yurgan Roziya. Bu yoqda bu koʻngilsiz turmush. Ikki oʻt orasida kuyib yurgan uning oʻzi...

Moskvada Roziya butun ixtiyorini Sattorga bergandan keyin bu chigal tugunni yechishning yoʻli topilganday boʻlgan edi. Sattor Oyshaxonni janjal-toʻpolonsiz ajrashishga koʻndiraman, deb oʻylagan, kecha shu ishonch bilan bu yerga kelgan edi.

Biroq, bu hammasi bir xom hayol ekanini u endi koʻrib turibdi. Bir-biriga kirishib ketgan et bilan tirnoqni ogʻriqsiz ajratib boʻlmasligini Sattor unutgan ekan. Soʻngi bir kun unga xotini sevmasligidan ham muhimroq, murakkabroq narsalar borligini eslatdi.

Agar Oyshaxon ham Sattorning oʻzi darajasida mustaqil fikr yuritadigan, hamma narsani tahlil qila oladigan odam boʻlganida edi, har qanday ichki ogʻriqlarga chidab, insoniy gʻururini qoʻldan bermay, «muhabbatsiz turmushni men ham istamayman» degan boʻlardi. Unda Sattor oʻylaganday bejanjal ajrashishlari mumkin edi. Biroq, Oyshaxon avval ota-onaning, soʻng er bilan qaynonaning izmiga boʻysunib oʻrgangan. Uning ichki dunyosi bolanikiday moʻrt boʻlib qolgan. U dala ishi-yu, roʻzgʻor tashvishi bilan boʻlib, oʻziga yaxshi qarayolmagani uchunmi, hamisha kimgadir suyanadi, kimningdir ra’yiga qaraydi. Turmushga chiqqandan beri uning suyangan togʻi ham, eng katta tayanchi ham Sattor edi. Kecha Sattor haligi gaplarni aytgandan keyin bu togʻ goʻyo joyidan qoʻzgʻalib ketdi, Oyshaxon tayanchidan ajralib, muvozanatini yoʻqotdi-yu bexosdan daryoga yiqilib tushganday boʻldi. Bugun shu togʻ yana oʻz oʻrnida osoyishta turganga oʻxshaydi — Sattor Oyshaxonni daryodan olib chiqqani ham, odamlarga gap nimadaligini aytmagani ham, oʻgʻilchasini yoniga olib oʻtirgani ham goʻyo shundan dalolat beradi.

Oyshaxon shirchoyni hamma qatori ishtaha bilan ichdi, Xosiyat xola er-xotinni yolgʻiz qoldirgisi kelib, kosa-tovoqlarni oʻzi yigʻishtirib olib ketdi. Sattor Oyshaxonga yer tagidan qarab:
— Endi durustmisan? — dedi.
— Ha, shukur.
— Kecha... nega unday qilding?..
— Oʻzim ham bilmayman.
— Mendan qasd olmoqchi boʻldingmi?..
— Oʻzim ham bilmayman.
— Mendan qasd olmoqchi boʻldingmi?
— Qasd? Yoʻq, men... men... sharmandalikdan qutulmoqchi boʻldim.
— Agar sen choʻkib ketsang, eng katta sharmandalik ana unda boʻlar edi!

Oyshaxon koʻzlari yoshlanib:
— Hech kim bilmas edi, — dedi. — «Oyogʻi toyib tushib ketibdi», dedingiz, hamma ishondi-ku.
— Hech kim bilmasa ham, men bilar edim!
— Siz ham kecha odamga ogʻir botadigan gaplarni aytdingiz-da.
— Gapim notoʻgʻri boʻlsa, isbot qilib bergin edi, darding boʻlsa, ochiq aytgin edi. Shunchalik jaholatga berilasanmi? Bu yokda bola. Oʻzingning yosh joning. Yana meni ham birovning oʻlimiga sabab boʻlgan bir qotilga aylantirib ketmoqchimiding?

Oyshaxon kecha aqlini yoʻqotib qilgan qiligʻining bunchalik yomon ma’nolari borligini endi astoydil fahmladi-yu azbaroyi hijolat boʻlganidan piq-piq yigʻlay boshladi.
— Men bir ahmoqlik qildim... Umrimda bunday uyatli ish qilgan emas edim...

Hozir shu turishda Oyshaxon Sattorga faqat oʻzining xotini boʻlib emas, yordamga muhtoj bechora bir odam boʻlib koʻrindi. Uni shu ahvolda tashlab ketish — suzishni bilmaydigan odamni daryoning oʻrtasiga olib borib tashlab ketishga oʻxshardi.
— E tavba! — dedi Sattor kuyunib. — Sen ham mana shu qishloqda daryoning boʻyida oʻsgansan-ku. Nega aqalli suzishni oʻrganmagansan?

Gap faqat suvda suzish haqidagina emasligini Oyshaxon ham sezdi. U koʻz yoshini kafti bilan artib:
— Uyalganman, — dedi. — Kichkinaligimda daryodan qoʻrqar edim. Keyin: «Qiz bolaga uyat boʻladi» deb ayam qoʻymaganlar. Oʻzim ham odamlar gap qiladi, deb tortinganman.
— Odamlarning gapi-yu, eskicha qarashlari kelib-kelib senga yopishgani qiziq. Axir xuddi shu qishlokdan chiqqan Rixsixon Toshkentda suzish musobaqalarida sovrin oldi-ku. Uni televizorga chiqarib maqtashganda hammalaring: «Bu qiz bizning qishloqdan!» deb faxrlangandirsanlar?

Sattor shu bilan: «Gap sening qiz bola boʻlganingda ham emas, qishloqlik ekanligingda ham emas, hamma ayb oʻzingda!» deyayotganday boʻldi.

Bu Oyshaxonga erining kechagi ogʻir gapini eslatdi. Oyshaxonning koʻziga yana yosh kuyulib keldi:
— Nima qilay? Rixsixon institutda oʻkigan. Men ham oʻzimga yarasha biron joyda oʻqiy dedim. Olib bormadingiz.
— Institutda oʻqimasdanam unib-oʻsib ketayotganlar yoʻqmi?
— Nega boʻlmas ekan? Bor. Rais togʻam meni, tabelchilikka olaman, dedi. Dadam qoʻymadilar. Mexanizatorlikni oʻrganay dedim, ayangiz ruxsat bermadilar. Oʻzimning ayam ham: «Bolalik ayolga toʻgʻri kelmaydi», deb turib oldilar.
— Xullas, sen birovning ruxsatiga qarab, birovning izmiga boʻysunib oʻrganib kolgansan. Lekin seni mustaqil yashashga oʻrgatib boʻlarmikan? Suvda suzish uncha qiyin emas. Hayot daryosida mustaqil suzishni senga oʻrgatib boʻlarmikan?

Oyshaxon bosh egib, «siz nima desangiz shu» deganga oʻxshab oʻtirardi. Uning yuzi ichki bir iztirobdan oqarib ketgan, lablari titrar edi.

Xosiyat xola oshxonadan qaytib kelayotib, er-xotinning orasida jiddiy gaplar boʻlayotganini sezdi. Kelinining koʻzi nam ekanini koʻrib:
— Sattorjon, sen Oyshaga qattiq botma, oʻzining sal mazasi boʻlmay yuribdi, — dedi. — Saraton kunlarida ham Xudo buni bir falokatdan asrab qolgan. Sigirga oʻt oʻraman deb, samolyot endigina dori sochib oʻtgan joyga borib qolgan. Bir-ikki tutam oʻt oʻrgandan keyin bilgan.
— Hasharotga qarshi sepganmidi? — deb Sattor Oyshaxonga xavotirlik bilan tikildi.
— Ha.
— Hamma yokqa e’lon qilinar edi-ku. Ehtiyot boʻlinglar, deyishmaganmidi?
— Aytishgan edi. Men bilmay borib qolibman.
— Iye, hididan ham bilsang boʻlardi-ku!
— Hidi hamma yoqqa tarqab ketgan edi-da... Yoʻlning chetiga bayroqcha tiqib qoʻyilgan ekan, men goʻl koʻrmay oʻtib ketibman.
— Keyin nima boʻldi?
— Sezgan zahotim oʻtni tashlab qochdim. Uch-toʻrt kungacha boshim aylanib, koʻzim tinib yurdim. Doktorlar dori-darmon qildi.
— Sigirga oʻt oʻraman deb-a? Joning sabil qolganmi sening? Odam ham shunaqa boʻladimi?

Sattorning koyishlari Oyshaxonga ogʻir botmas, bir jihatdan hatto yoqimli tuyular edi. Bu koyishlarda kechagi sovuq sipolik yoʻk, balki jonkuyarlikka oʻxshash bir iliqlik bor. Sattorning boyagi kuyunganlari ham, «Seni hayot daryosida mustaqil suzishga oʻrgatib boʻlarmikan?» degan soʻzlari ham Oyshaxonni umidlantiradi. «Sattorjon akamlar ajrashish toʻgʻrisidagi gaplarini achchiq ustida aytgan boʻlsalar, — deb oʻylaydi u, — bora-bora hammasi eslaridan chiqib ketarmikin? Koshki shunday boʻlsa!..»

Oyshaxonning koʻnglidan oʻtgan bu gaplarni Sattor goʻyo sezdi-yu, qalbida qarama-qarshi hislar tugʻyon urib oʻrnidan turib ketdi.

«Nima qilish kerak? Muhabbatsiz turmushdan voz kechishga u hozir ham oʻzini hakli sezadi. Lekin Oyshaxon ham tirik bir odam. Kecha Sattor uning choʻkayottanini koʻrib, bir chetda jim qarab turolmadi-ku? Bugun uning yordamga muhtoj bir inson ekanligini koʻrib turib, tashlab ketsa, keyin bir umr oʻzini gunohkor sezmasmikan? Axir ayb Oyshaxonning bir oʻzida zmas-ku. Naryoqda qoloq ota-ona, bu yokda eski tushunchali qaynona. Sattor Oyshaxonni ularning ta’siridan qutqarib olish uchun besh yildan beri nima qildi? Hech narsa! Nuqul xotinini suymasligini pesh qilib, oʻzini undan olib qochib yurdi. Odam odamga doʻst, gʻamxoʻr, degan tushuncha kayokda qoldi? «Men ilgʻorman, sen orqada qolgansan, nari tur!» deb itarib tashlash...

Yoʻq, Sattor bunday qilolmaydi. Ammo, bu boshi berk koʻchadan qanday chiqish mumkin? Oyshaxonni bu yerda qoldirib ketsa-yu, turmushlari avvalgiday davom etsa, yana shu ota-ona bilan qaynonaning ta’siri oʻzini koʻrsataveradi. Hech narsa oʻzgarmaydi. Agar uni Toshkentga olib borib, birga yashasa, Oyshaxon tezroq oʻzgarishi mumkin, Sattorning koʻnglini tezroq tushunishi mumkin. Biroq bunga Sattor bardosh bera olarmikin? Kecha daryoda Oyshaxon uni boʻynidan quchoqlab, choʻktirib yuborayozgani Sattorning esiga tushdi-yu, eti junjikdi. Oyshaxon mana shunaqa qilib uning butun orzularini choʻktirib yubormasmikan? Sattor Roziyadan mahrum boʻlib armon qilib yurmasmikan?

Biroq Roziyaning oʻzi: «Menga soʻz bering, biz hech kimga yomonlik qilmaylik!» demagan edimi? Endi Sattor boshkalarga yomonlik qilmaslik uchun butun ogʻirlikni oʻziga olsa nima derkin? Oʻzini qanday tutarkin? Nahotki, shu holatda ham Roziya Sattordan yuz oʻgirib keta olsa?

Nima qilish kerak? Sattor ne vaqtgacha yolgʻiz oʻzi hovli bilan bitta boʻlib oʻy oʻylaydi-yu, oxiri yana Oyshaxonga roʻpara boʻldi:
— Tavakkal! — deb goʻyo oʻziga-oʻzi dalda berdi. — Men seni Toshkentga koʻchirtirib ketsam... borasanmi?

Oyshaxon Sattorga «sinab koʻryapsizmi yo chini bilanmi» deganday, koʻzlarini katta-katta ochib tikildi. Sattor unga iztirob bilan qarab turibdi. Oyshaxonning «ha» deyishi koʻnglining allaqayeriga ogʻir zarba boʻlib tushadigandek.

Oyshaxon uning kechagi gaplarini esladi-yu, ikkilandi:
— Borsak qayerda turamiz?
— Kuzda uy beradigan boʻlgan.
— Bizga-ya?
— Ha, sen ham roʻyxatda borsan.
— Borib yana... ortiqcha yuk boʻlsak...
— Bu yogʻi oʻzinga bogʻliq. Ishga kirarsan.
— Unday boʻlsa, mayli... Boraman!

Kech kuzda Sattor uyga order oldi-yu, Oyshaxonlarni koʻchirtirib ketdi.

15

Qish juda qattiq keldi. Fevralь oxirlab qolayotgan paytda ham Toshkentda qor belga urar edi. Qahraton sovukqa chidab boʻlmaydi. Koʻchalar toygʻoq, mashinalarning gʻildiraklarida zanjirlar shaqirlaydi. Shaharda bor bulьdozerlar, skreperlar ishga solingan boʻlsa ham, ustma-ust yogʻib turgan qordan koʻchalarni tozalab ulgurisholmaydi. Bunday paytda trolleybus, tramvaylarning yurishi qiyinlashadi, bekatlarda odam haddan tashqari koʻpayib ketadi.

Sattor ishdan chiqib bogʻchaga borsa, Oyshaxon Muxtorni kiyintirib olib chiqayotgan ekan. Uchovlari tramvay bekatiga kelib uzoq turishdi. Ularning tramvaylari qayerdadir qorga tiqilib, toʻxtab qolgan edi. Kechki izgʻirinda bolaning yuzi koʻkarib ketdi. Sattor uning qalt-qalt titrayotganini koʻrdi-yu, koʻchadan oʻtayotgan mashinalarga qoʻl koʻtara boshladi.

Hozir taksining boʻshi anqoga shafe. Qoʻl koʻtaruvchilar behisob. Odamlar hatto, kabinasi boʻshroq yuk mashinalariga ham qoʻl koʻtaradi.

Taksining orqa oʻrindigʻida xomush kelayotgan Roziya yoʻlda qoʻl koʻtarib turgan Sattorni koʻrib qoldi. Hovurdan xira tortgan deraza orqali uning kim bilan turganini koʻzi ilgʻaganicha boʻlmay, taksichiga:
— Toʻxtating! — dedi.

Mashina yoʻl chetiga chiqib toʻxtayotganini koʻrgan Sattor bolani qoʻliga olib chopdi. Oyshaxon uning ketidan yugurdi. Haydovchi oldingi eshikni ochdi.
— Qayoqqa?
— Ilgarigi Qashqar mahallasi tomonga, yangi uylarga!
— Poʻstin kiygan semiz haydovchi orqaga burilib, Roziyaga:
— Aylanish boʻladi-ku! — dedi.

Sattor orqa oʻrindiqda oʻtirgan suvsar telpakli ayolga endi qaradi. Roziyani tanib, birdan nafasi ichiga tushib ketganday boʻldi.
— Siz! — deya oldi, xolos.

Bu orada Oyshaxon ham yetib kelib, orqa eshikni ochdi:
— Voy, joy bor ekan-a, ola qoling, amaki, aylanish boʻlsa pulini toʻlaymiz!

Oyshaxon qoʻngʻir tivit roʻmolini peshanasiga bostirib oʻragan. Sovuqda yuzining tuklari tikkayib turgan bu ozgʻin juvon Sattorning xotini ekanini Roziya endi payqadi-yu, nima deyishini, oʻzini qanday tutishini bilmay, bir lahza qotib turdi.

Sattor uy olib xotinini koʻchirtirib kelganidan Roziya xabardor edi. Sattor unga hamma voqeani aytib bergan, shundan boshqa iloj yoʻqligini Roziya ham tushungan, orzu-umidlari barbod boʻlsa ham, tishini-tishiga qoʻyib, Sattor tutgan yoʻlni ma’qullagan edi. Ammo, hozir Toshkentning allaqayerida Oyshaxon uning sevgan yigiti Sattor bilan birga yashayotganini koʻz oldiga keltirsa, Roziya ichki azobdan oʻzini qoʻyadigan joy topolmay qolar, Oyshaxon koʻchib kelgandan beri shunday katta shaxar goho Roziyaga torlik qilayotganday tuyular edi. Endi ular hammasi shunchalik murakkab his-tuygʻulari bilan birga mana bu mashinaga qanday sigʻishadi?

Sattor Roziyaning oʻzgarib ketganini sezdi, bu tasodifiy uchrashuvdan uning oʻzi xam qattiq oʻngʻaysizlanib, darrov eshikni yopmoqchi boʻldi.

Shu payt Roziya Sattorning qoʻlida sovukdan diydirab turgan bolani koʻrdi. Birdan hushini yigʻib:
— Yoʻq, yoʻq, kiringlar, aylanish boʻlsa mayli! — dedi.

Oyshaxon orqa eshikdan kirib oʻrindiqqa oʻzini tashladi. Mashinaning pechkasi «gʻir-gʻir» ishlab turar edi:
— Issiqqina ekan-ey! — dedi Oyshaxon suyunib, soʻng bolani Sattorning qoʻlidan oldi.

Sattor xotinining gaplari va oʻtirishlaridan uyaldimi, shu ahvolda Roziyaga duch kelganidan izza boʻldimi, boʻynini qisib haydovchining yoniga oʻtirganicha sukutga ketdi.

Roziya ham qimir etmay jim oʻtirardi. Ular anchadan beri koʻrishmagan, bir-birlarini sogʻingan edilar. Ammo hozir uchrashib qolganlaridan xursand boʻlolmasdilar. Boshqa murakkab tuygʻular ikkovini ham esankiratib qoʻygan, hatto salomlashishga ham tillari bormas edi. «Nega?» — dedi Roziya oʻzicha. — Nahotki Sattor oʻzini tanimaganga solib oʻtira olsa? Xotinidan shu darajada hayiqadimi?».

Roziya Sattor bilan oxirgi marta uchrashganda boʻlib oʻtgan mushkul gaplarni esladi.

«Men shunday bir ogʻir ahvoldaman-ki, — degan edi Sattor, — sizga hatto «Kuting!» ham deyolmayman. Birovning qoʻydi-chiqdi boʻlishini koʻrishda nima olijanoblik bor? Men sizdan sadoqat talab qilishga ham haqqim yoʻq. Agar boshqa birov bilan baxtingiz ochilsa, hozir men bunga rozi boʻlishdan boshqa chora topolmayman!» Roziya koʻziga yosh olib, bu gaplarga qattiq e’tiroz bildirgan boʻlsa ham, chigal oʻy-hayollar jonidan toʻydirib yuborganda boshqa biror yigitni Sattorga oʻxshatib sevib qolishni astoydil istar edi. «Bu bedavo dardning davosi shu boʻlsa kerak!» deb oʻylardi. Moskvadan Roziya bilan xafalashib qaytgan Sora xolasi voqeaning bir chetini Roziyaning ota-onasiga aytib bergan edi. Roziyani haligacha erga berolmaganlaridan tashvish chekib yurgan ota-ona endi bu gaplarni eshitib qatgiq iztirobga tushgan, qizlari boshqa biror yigitga moyillik bildirishini zoriqib kutar edilar. Roziyaday koʻhlik qizga sevgi izhor qilgan, jazman boʻlib sovchi yuborayottan yigitlar yoʻq emas edi, ammo ularning birortasi Roziyaning qalbidagi muhabbatdan ustun kelolmas edi. Roziyaning ota-onasi esa, oʻzlari sevishib oila qurgan odamlar boʻlganliklari uchun qizlarini xohlamagan odamiga majbur kilib uzatishni istamas edilar. Roziyaning oʻzi kecha-yu kunduz Sattorni oʻylar, uni biror soat hayolidan uzoqlashtirolmas edi. Sattorning xotiniga nisbatan ham odamgarchilik qilayotgani, uning Roziyaga aytgan soʻnggi gaplarida ham alohida bir tantilik borligini unutolmas edi. Agar Roziya muhabbatsiz oila qurishning butun dahshatini Sattor orqali bunchalik yaqindan koʻrmaganda edi, balki oʻziga sal-pal yoqqan biror yaxshi yigitga tegib ham ketardi. Ammo koʻngilsiz turmush odamni qanday ogʻir ahvollarga solishini Roziya mana hozir ham Sattorga qarab koʻrib oʻtiribdi.

Mashina koʻzgʻalguncha oʻtgan bir lahzalik jimlikda Roziyaning ayolidan chopqillab oʻtgan bu oʻylar Sattorga goʻyo, endi borib yetdi. Sattor qirov ingan quloqchinini peshanasidan nari surdi-yu, orqaga oʻgirildi. Roziya haydovchining ketida oʻtirar edi. Sattorning sogʻinch toʻla koʻzi Roziyaning koʻzlariga tushganda, qizning chehrasi xuddi oftob tushgan oynaday toʻsatdan jonlanib ketdi.
— Roziya, soʻrashmadik ham, yaxshi yuribsizmi? Sattorning Roziyaga qarayottan koʻzlarida ajib bir mayinlik bor edi. Uning ovozi ham shu kadar iliq eshitilardiki, Oyshaxon yonida oʻtirgan qizga «yalt» etib qaradi.

Sun’iy qorakoʻl palьtosi oʻziga juda yarashib tushgan bu xushroʻy qizning Sattorga qarashi ham benihoya nafis. U Sattor bilan soʻrashar ekan, ehtiros toʻla koʻzlarini yigitning yuzidan ololmas edi.
— Iye, a... birga ishlaysizlarmi? — soʻradi Oyshaxon taajjub aralash norozilik ohangida.

Sattor Oyshaxonning bu ohangiga mutlaqo mos kelmaydigan bosiq tovush bilan:
— Ha, — dedi, — Roziya ham metroni loyihalashga qatnashgan. Tanishib qoʻyinglar!

Oyshaxon bilan Roziya til uchida soʻrashar ekanlar, «bir kun emas, bir kun uchrashar edi, — deb oʻylandi Sattor. — Mayli, bir-birini koʻrib, bilib qoʻysin!».

Sattorning ovozidagi bosiq ohang Roziyaga ham oʻtdi:
— Aytmoqchi, Sattor, metro haqida hukumat qarori chiqibdi. Gazetalarda oʻqidik...
— Oxiri baxayr boʻlsin, Roziya. Boshlanishi yaxshi! Sattor bilan Roziya koʻpdan kutilgan bu qarordangina emas, hozir uchrapshb kolganlaridan ham shodlanib ganirmoqda edilar. Diydor koʻrishish kuvonchi endi oʻzini koʻrsatmoqda edi. Oyshaxon esa ularning gapiga aralasholmay, bir chetga chiqib qolganday bezovtalanib oʻtirar edi.

Sirgʻanchiq yoʻldan koʻzini olmay, mashinani extiyot bilan haydab borayotgan haydovchi birdan gapga aralashdi:
— Metroni aytyapsizlarmi? Men ham gazetada oʻqidim. Yaqin orada qurilarmikin?
— Hozircha loyiha topshiriqlari tasdiqlandi. Yana hali tadqiqot ishlari olib boriladi. Kurilish bir-ikki yildan keyin boshlansa kerak.
— Gazetada qanaqa stansiyalar boʻlishini ham yoziishibdi, — dedi haydovchi. — Sxemasi ham bor ekan, men shu «Farhod» degan stansiyaning qayerda boʻlishini bi-lolmay qoldim.

Sattor buni tushuntirib bergan edi, haydovchi afsuslanib:
— Bizdan uzoqroq ekan-da, — dedi. — Mayli, uzoq boʻlsa ham, ishqilib, qurilsin. Bu sovuqda koʻl koʻtarib turgan odamlarning koʻpligini qarang!

Qor-sovuqlarda asfalьtning oʻyilgan joylari juda koʻpayib ketgan, mashinalar silkinib-qoqinib uncha tez yurolmas, shuning uchun haydovchilar qoʻl koʻtaruvchilar oldida huda-behuda toʻxtab vaqt ketkizishni yoqtirishmas edi. Mashinalar toʻxtamay oʻtaverganidan asabiylashgan ikkita yosh yigit yoʻlning oʻrtasiga chiqib Sattorlar oʻtirgan taksini majbur qilib toʻxtatmoqchi boʻldi. Haydovchi rulni keskin burib oʻtib ketmoqchi edi. Gʻildiraklar qorda sirgʻanib ketib, mashina yoʻlga koʻndalang boʻlib qoldi. Xayriyat, qarshidan kelayottan avtobus uzoqda edi, haydovchi tezlikni oʻzgartirib, mashinasini ustalik bilan oʻnglab oldi. Yoʻl toʻsgan yigitchalar ura qochishdi.
— Xozir quvib borib quloq-chakkasiga tarsaki tushirsam boʻlar edi-yu, lekin odam har yogʻini oʻylab andisha qiladi-da, — dedi terlab ketgan haydovchi. — Bir chekkasi, yoʻlovchilarga ham oson tutib boʻlmaydi. Havo munaqa. Transportning ahvoli ma’lum. Odam koʻp. Smenani topshirguncha iyigʻim chiqib ketadi-e!.. Metro qurilsa biz ham sal yengil tortarmidik, deyman-de!
— Yengil tortishingiz aniq, — dedi Sattor. — Metroning huzurini hamma koʻradi. Yer ostida qish-u yoz barobarligini aytmaysizmi!

Roziya Moskva metrosida Sattor bilan birga yurganlarini esladi-yu:
— Haqiqatan, metroning qor-yomgʻir bilan hisoblashmasligi ham yaxshi-da, — deb qoʻydi.

Mashinaning bir burchagida oʻgʻlini oldiga olib oʻtirgan Oyshaxon Sattor bilan Roziyaning qandaydir sirli bir munosabatlari borligini tobora aniq payqamoqda edi. Bu ikkovining orasida katta bir ijodiy mexnat va jozibali maqsaddan tashqari, ulkan bir tuygʻu ham borligini, Sattor bilan Roziya bir-biriga juda munosib koʻrinishini Oyshaxon rashk olovida oʻrtanib his qildi-yu, bunga qarshi isyon koʻtargisi keldi.
— Qor-yomgʻir deysiz! Hozir bizning gulxonaga boring. Qahraton sovuqlarda ham gullar ochilib yotibdi!

Oyshaxon bu gaplarni Roziyaga qarab, «biz sizdan kam emasmiz» degan bir pisanda bilan aytdi. Kutilmagan bu pisandadan Roziya esankirab qoldi. Sattor oʻrindiqqa chap qoʻltigʻini tayab, Oyshaxonga oʻgirilib qaradi. Uning lablari alam bilan titrayotganini koʻrdi-yu sababini sezib, koʻnglini koʻtarib qoʻygisi keldi.
— Oysha hozir shaharning eng katta gulxonasida ishlaydi, — dedi Sattor Roziyaga. — Oʻzi qishloqda ham gulchilikni yaxshi koʻrar edi. Bu yerda mashhur bir gulchiga shogird boʻlib oldi. Ustozing kim edi?
— Shafoat Roziqovna! — dedi Oyshaxon iftixor bilan. — Gazetalarda suratlari chiqqan. «Yangi Toshkentni gulbogʻ shaharga aylantiramiz!» deb soʻz berganlar!
— Ha, eshituvdim, — dedi Roziya Oyshaxondan koʻzini olib Sattorga qararkan.

U Oyshaxonning ishga qanday kirganini Sattordan eshitgan edi. Qoʻni-qoʻshnilardan biri Oyshaxonni tikuv fabrikasiga ishga taklif qilgan, boshqa biri uni zavodga olib borgan, uchinchisi kombinatga odam kerakligi haqidagi e’lonni olib kelib koʻrsatgan edi. Hamma joyda: «Oʻz hisobimizdan oʻqitib, istagan hunaringizni oʻrgatamiz, keyin bizda ishlaysiz!» deyishar edi. Ishlaydigan odamga talab bu qadar kattaligi, mehnatkash kishi bu darajada aziz ekani Oyshaxonga juda yoqib tushgan edi. Biroq u hovliga oʻrgangani uchunmi, toʻrtinchi qavatdagi kvartiralarida oʻtiraverib siqilib ketar, koʻkalamzor joylarni qoʻmsar edi. Buni sezgan Sattor yangi Toshkentni gulzor, koʻkamlamzor qilish uchun jonkuyar odamlar kerakligini oʻyladi-yu, Oyshaxonni shahar gulxonasiga olib bordi. Oyshaxon ulkan oranjereyalarda Oʻzbekistonda bor eng ajoyib gullar va koʻrkam oʻsimliklarni oʻstirish mumkinligini koʻrib, bu ishga astoydil qiziqib qoldi. Hozir u ham yangi Toshkentda gullar va bogʻlarni mumkin qadar koʻpaytirish ishtiyoqi bilan ishlab yuribdi.

Roziya shuni sezdi-yu, Oyshaxonning sevgan ishi butun hayotiga yaxshi ta’sir koʻrsatishi mumkinligini oʻyladi. Qachondir bir vaqt Oyshaxon ham oradagi murakkab muammoni oʻzicha mustaqil tahlil qiladigan va adolatli hukm chikaradigan boʻlishini istadi. Roziya shu istak ta’sirida Oyshaxonga muloyim bir nazar tashladi-da:
— Ishingizdan xursand boʻlsangiz... biz ham siz uchun xursandmiz, — dedi.

Roziya Oyshaxonning boyagi pisandasini koʻngliga olmay, bu qadar muloyim javob qilgani gʻalati edi. Oyshaxon uning nega bunday deganini tushunolmay yuziga tikilib koldi. Shunda birdan koʻz-koʻzga tushdi. Roziyaning koʻzlari hamma voqeadan xabardor ekanini aytib turardi. Oyshaxon buni payqab, yuragi orqasiga tortib ketdi. Sattor Oyshaxondan ajrashib, shu qizni olmoqchi boʻlganmi? Nahotki, bu qiz Oyshaxonning oʻzini daryoga tashlaganini ham bilsa? Oyshaxon Roziyaning koʻzlarida yonib turgan olovga tob berolmadi. Nigohini Roziyadan olib, tez Sattorga qaradi. Biroq Sattorning koʻzlarida ham xuddi shunday olov yonmoqda edi. Oyshaxon erini hech vaqt hozirgiday oʻtli bir qiyofada koʻrgan emas. Sattor Roziyani koʻrgandan beri butunlay oʻzgarib qolganini Oyshaxon oʻz koʻzi bilan koʻrib turibdi!

Shu payt Sattor yana Roziyaga yuzlandi. Sirdosh kishilar orasidagina boʻladigan nozik bir tuygʻu bilan:
— Ertaga Moskvadan Maksimich keladigan, — dedi.
— Maksimich? Metroning ishi bilan-a?
— Ha, me’morchilar metro stansiyalarining eskizlarini chizishyapti. Qurilish boshlanishidan oldin tayyorgarlik ishlari juda koʻp boʻladi-ku. Shuning hammasiga Maksimich Moskvadan mutasaddi qilib tayinlanibdi.

Moskvada oʻn sakkizinchi qavatda boʻlgan oʻtirish, oʻshandagi mas’ud damlar, yaxshi tilaklar, Sattor qadah koʻtarib aytgan orzular hammasi birdan Roziyaning yodiga tushdi. Qani bu orzularning amalga oshgani? Maksimich xotinini olib kelsa Sattor bilan Roziya ularni qaysi uylariga taklif qilishadi? Hayot bilan orzuning orasiga tushgan togʻlar Sattor bilan Roziyani umrbod bir-biridan ayirib qoʻyadiganday tuyuldi.

...Roziyaning koʻzlarida yosh halqalandi. Sattor buning sababini sezib, yuragi ezildi:
— Agar... u odam sizni soʻrasa... nima deyman, Roziya?

Bu savolda «Nahotki oʻsha orzulardan butunlay voz kechsak?» degan ma’no bor edi. Yoʻq, Roziya umidini uzmoqchi emas. Hamma narsadan qat’i nazar, diydor koʻrishib turish ham unga gʻanimat tuyuldi.
— Meni soʻrasa, oʻzimga xabar bering, — dedi Roziya. — Telefon bor-ku.

Sattor bilan Roziya yaqin orada yana uchrashishlari muqarrarligini sezgan Oyshaxon alamidan dod deb yuborgisi keddi. Ammo Sattor unga butun haqiqatni aytgan oʻsha dahshatli kun esiga tushdi. Sattor undan hech narsani yashirgan emasdi-ku. Hozirgi ahvolga Oyshaxon ham sababchi ekani uning oʻziga endi sezildi. Sattor bilan Roziya astoydil istasalar, hozir ham Oyshaxonni zor qaqshatib, bir-biri bilan topishib ketishlari mumkin emasmi?
— Toʻxtating! — dedi Oyshaxon toʻsatdan haydovchiga. — Biz keldik!

Mashina ilgarigi Qashqar mahallasining oʻrniga tushgan baland uylar qarshisida toʻxtadi. Roziya ular bilan xayrlashayotib, Sattorga koʻzlari moʻltirab qaraganini Oyshaxon koʻrib qoldi. Sattor boshqa ayol bilan yashashi Roziyani qanchalik oʻrtashini sezib, Oyshaxonning qalbidagi alam sal pasaydi.

Sattor xomush. U Oyshaxon bilan uyiga borayotgan boʻlsa ham, butun hayoli, fikri Roziyaga ergashib ketgan edi. Oyshaxon buni sezib, avval xoʻrligi keldi. Soʻng Sattor butun ogʻirlikni oʻziga olib, uni yangi uyga koʻchirtirib kelganini, suygan ishiga kiritib qoʻyganini oʻyladi-yu yana hovuridan tushdi. Kechqurun gaz yonib turgan bejirim oshxonada choy ichib oʻtirganlarida u Sattorga qoʻrqa-pisa koʻz tashladi-da:
— Sattorjon aka, muncha jimib qoldingiz? — dedi. — Nimani oʻylayapsiz?
— Bilging keldimi?
— Ha.
— Erk degan narsani oʻylayapman.
— Erk?
— Ha. Onalar bolasini, «erkam» deb suyadi. Keksalar «yurtingta erka boʻl» deb duo qiladi. Shunga qaraganda, erk azaldan juda tansiq ekan-da.
— Lekin oʻziga juda erk berib yomon yoʻlga kirib ketgan tantiqlar ham bor...
— Hamma narsaning ortiqchasi odamni buzadi. Lekin men buni aytayotganim yoʻq... Oftob hammaga barobar nur sochadi. Lekin har bir tirik jon bu nurdan oʻz kuchiga yarasha bahra oladi. Mana, sen gulchisan... Ayt-chi, oftob nur sochib turgani bilan gulning ichida bor kuchlar uygʻonmasa yoki uygʻongan kuchlarga erk berilmasa, shu gul ochiladimi?
— Yoʻq.
— Qars ikki qoʻldan chiqadi, degan gap bu yerda muhim. «Baxting ochilsin» degan tilak bor. Menimcha, odamning baxti ochilishi uchun yuragida avval mana shunaqa bir gul ochilishi kerak.

Sattor dildan chiqarib aytgan bu gaplar ikki oradagi gʻuborni tarqatganday boʻldi. Ammo gʻubor tarqagandan keyin yanada aniq koʻrina boshlagan bir narsa Oyshaxonni battar iztirobga soldi.

Sattor Oyshaxon bilan yashayotganidan baxtiyormi? Boyagi qiz... koʻzlari moʻltirab ketdi... Oyshaxonning oʻzi-chi? Unga osonmi bunday yashash?

Sattor choyni ichib boʻlib, oʻz boʻlmasiga kirib ketdi.

Ikki xonali kvartiraning kichikroq xonasini Sattor kabinet qilib olgan. U kechalari allamahalgacha loyiha chizadi. Gohi-gohida Sattor charchabmi, siqilibmi, ogʻir «uh» tortadi.

Bugun Oyshaxon yupqa devor orqali shu «uh»ni yana eshitdi-yu, yuragi qon boʻlib ketdi. Oʻgʻilchasini bagʻriga bosib:

«Endi nima qilamiz? — deb shivirladi. — Qandoq qilsak toʻgʻri boʻladi?».

Kichkina bola hali bu savollarga tushunmaydi. Ota-onasi esa hamon bir qarorga kelolmaydi.

1969