OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Pirimqul Qodirov. Ilinj (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifPirimqul Qodirov
Asar nomiIlinj (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Pirimqul Qodirov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ilinj (hikoya)
Pirimqul Qodirov

Mening ikki opam urush davrida Vatan himoyasi yoʻlida halok boʻlgan erlariga sadoqat saqlab, boshqa turmush qurishmadi. Biri ikki oʻgʻilni, biri uch farzandni otasiz oʻstirib odam qilishdi. Bunday onalar har bir qishloqda, har bir shaharda bor. Men shu hikoya orqali ularning hammasiga cheksiz ehtiromimni izhor qilmoqchiman.

Muallif

Kechasi soat ikkilarda darvoza taqilladi. Ayvonda yotgan Alisher qattiq uxlab qolgan ekan, tezda uygʻonmadi. Darvoza qattiqroq taqillagandan keyin ichki uyning eshigi gʻiyqillab ochildi-yu, Iqbol opa ayvonga chiqdi. Alisher endi uygʻondi va sapchib oʻrnidan turdi. U qorongʻida apil-tapil kiyinar ekan, darvoza tomonga:
— Hozir! — deb qoʻydi.

Iqbol opa ichki bir titroqni bosishga tirishib:
— Tezroq qara-chi, dadang emasmikan? — dedi. Alisher uyquli tovush bilan qaytarib soʻradi:
— Kim deysiz?
— Dadang!

Alisher taajjub bilan:
— Qiziqsiz-a, oyi! — dedi-da, ayvondan tez tushib, darvozaxonaga qarab ketdi.

Alisherning dadasi Umarjon aka urushda bedarak yoʻqolib ketganiga oʻttiz yildan oshib boryapti.

Iqbol opaning eng qoʻrqqan narsasi — «qoraxat». Bedarak yoʻqolish, har qalay, undan beriroqday tuyuladi. U erining toʻsatdan kirib kelib qolishini kutadi, kechalari darvoza taqillab qolsa, yuragi hapriqib, bolalarga «dadanglar emasmikan?» deyishini qoʻymaydi.

Alisher ham kichikligida oyisiga oʻxshab, doim dadasining yoʻliga koʻz tikib yurar edi. Lekin yoshi ulgʻaygandan keyin otasining tirik qolganiga shubha qila boshladi. Agar u tirik boʻlsa, oʻttiz yildan beri suyukli xotinini, gulday farzandlarini qidirib topib kelmasmidi?! Yoki dunyoning narigi chetida boʻlsa ham bironta darak, biron enlik xat yubormasmidi?!
— Bu urushda nimalar boʻlmagan! — derdi Iqbol opa oʻgʻliga. — Dadanglar yarador paytida asir tushgan boʻlsa, chet mamlakatlarga olib ketib qolishganmi? Boshiga biron koʻrgilik tushgan boʻlsa, «bolalarim isnodga qolmasin», deb ataydan jim yurganmikin? Biror kun oʻzini oqlaydigan yaxshi ish qilsa, yoʻli ochilib, kelib qolarmikin?

Bu taxminlar Alisherda murakkab, chigal oʻy-xayollar uygʻotar edi. Alisher bu chigalliklardan bezganda dadasining jang maydonida halok boʻlganini isbotlashga intilardi. U Moskvada bedarak yoʻqolgan jangchilarni qidirish bilan shugʻullanadigan maxsus idora borligini eshitib, oʻsha yerga bir necha marta xat yozdi. Otasining soʻnggi suratlari, xatlari, adreslaridan nusxalar koʻchirtirib yubordi. Kidiruv goh yurishib, goh toʻxtab, bir necha yilga choʻzildi. Nihoyat, bultur kuzda Moskvadan kelgan javobda Umarjon Rahimov xizmat qilgan oʻqchi rotaning koʻpchilik jangchilari Gʻarbiy Ukrainaning Ternopol shahri uchun olib borilgan ogʻir janglarda halok boʻlganligi aytilgan edi. Umarjon Rahimov ham shular qatorida halok boʻlgani taxmin etilgan, lekin buning aniq hujjatlari topilmagan edi. Chunki Ternopol bir marta ozod qilingandan keyin yashirin bosmachi — benderachilarning xiyonati tufayli shahar yana vaqtincha dushman qoʻliga oʻtgan, oʻshanda juda koʻp hujjatlar nest-nobud boʻlib ketgan edi.

Hujjatlar boʻlmasa, balki tirik odamlar bordir? Alisher endi shu savol bilan Ternopol shahar idoralariga, hatto yoshlar tashkilotlariga — yosh iztoparlarning otryadlariga xatlar yozdi. Natija chiqmadi. Kelgan javoblarning birida bu chigal muammoni xat orqali hal qilish qiyinligi, bedarak yoʻqolgan jangchilarning belgilarini yaxshi biladigan odam oʻzi kelsa biron daragini topishi mumkinligi aytilgan edi.

Kim boradi? Iqbol opa oʻttiz yil fabrikada ishlab, yaqinda pensiyaga chiqqan. Lekin uning sogʻligʻi yomon. Qand kasali darmonini ketkazib qoʻygan. Qon bosimi oshib ketgan. Shu ahvolda borsa-yu, toʻsatdan erining qabrini topsa, soʻnggi ilinjidan ham ayrilib, adoyi tamom boʻlmaydimi?
— Men oʻzim boraman, — dedi Alisher. Bunga opasi Mahfuza koʻnmadi:
— Sen dadamni eslolmaysan. Chaqaloq eding. Odamlar biron belgisini soʻrasa nima deysan! Men dadamni koʻrganman. Men bora qolay...

Mahfuza joʻnab ketganiga, mana, sakkiz kun boʻldi. Shuning uchun darvoza taqillaganda Alisherning xayoli darrov opasiga ketdi.

Darvozaxona yoʻlagini oqish «Zaporojets» band qilib turar edi. Alisher mashinaning chap yoniga oʻtib, qorongʻida elektr chiroqning tugmasini paypaslab topdi. Yoʻlaqda chiroq yongandan keyin tashqaridan keksa bir odamning:
— Telegramma! — degan xirqiroq tovushi eshitildi.

Alisher darvozaning bir tabaqasini ochdi-da, chiroq yorugʻida telegrammaning kvitantsiyasiga qoʻl qoʻyib berdi.

Bu orada Iqbol opa ham roʻmolini boshiga solib, ayvondan darvozaxona oldiga tushib keldi.

Alisher qatlab bekitilgan telegrammani chiroq yorugʻiga solib, sabrsizlanib ochdi.

«Qidirganim topildi. Kievdan kechki reys bilan uchaman. Toshkent vaqti bilan soat uchda kutib ol. Mahfuza».

«Topildi» degan soʻz Alisherni entiktirib yubordi. U oyisiga tomon oʻgirilib, koʻzlari yaltirab:
— Opam!.. — dedi.
— Nima depti? Dadangni daragini topibdimi?
— Topganga oʻxshaydi!
— Voy xudoim-ey! Qaerda yurgan ekanlar? Nega shu vaqtgacha kelmas ekanlar?!

Iqbol opa erining tirik topilganiga ishonib gapirmoqda edi. Alisher buni sezib birdan xavotirlandi. Balki Mahfuza otalarining... qabrini topgandir. Opa-uka soʻngga paytda otalarining halok boʻlganiga shubha qilmay qoʻyishgan edi-ku. Axir tirik odam shuncha yildan beri Ternopolda jim oʻtirarmidi? Lekin oyisi buni oʻylamadi. Agar u «tirik topilibdi» deb astoydil ishonib qolsa-yu, keyin buning aksi boʻlib chiqsa, kasali battar ogʻirlashadi.
— Oyijon, siz darrov ishonavermang!
— Ha, nega endi?
— Sal oʻylab koʻring axir... Opam kelsin, anigʻini aytadi.
— Qachon kelarkan?
— Tungi uchda. Hozir necha boʻldiykin?.. O, qirq minut qolipti!.. Men tezroq chiqishim kerak!

Alisherning yoshgina xotini ham uygʻondi va shosha-pisha kiyindi. «Zaporojets» vagʻillab, darvozaxonadan koʻchaga orqasi bilan yurib chiqdi. Iqbol opa oʻgʻli bilan kelinini aeroportga kuzatdi-yu, ayvonga qaytib keldi.

Bir-biridan kichik uch bola ayvonda pishillab uxlab yotibdi. Osmonda kemtik oy suzib yuribdi.

Iqbol opa oʻzi turadigan ichkari uyga kirdi-yu, toʻrdagi eski sandiqning oldiga bordi. Sandiqning ustida qatlanib turgan baxmal koʻrpalarni pastga olib qoʻydi. Soʻng tokchadagi mixga osigʻliq kalitni olib, sandiqning qulfiga soldi.

Sandiq mayin ohang chiqarib, jiringlab ochildi-da, uning ichidan qalampirmunchoqning hidi keldi. Umarjon aka qalampirmunchoqni yaxshi koʻrardi. Ba’zida uning bir-ikki donasini ogʻziga solib, tishlarining orasida aylantirib yurar, gapirganda nafasidan ham qalampirmunchoqning hidi kelardi. Shu esida turgan Iqbol opa uning kiyimlarini, xatlarini qalampirmunchoq bilan birga saqlar edi.

Mana, Umarjon aka bundan oʻttiz yil oldin kiygan sariq jujuncha kitel-shim, yoqasi bilan yengiga iroqi kashta tikilgan koʻylak, xrom etik... Umarjon aka frontdan yozgan xatlarida: «Ikki yosh bolani boqish senga oson emas, uydagi buyumlarni ayama, kerak boʻlsa, mening kiyimlarimni ham sotib, yegulik ol, omon boʻlsak narsa topiladi, oʻzingni, bolalarni ehtiyot qil!» deb tayinlar edi. Iqbol opa oʻzining seplarini, taqinchoqlarini sotganda ham, erining hamma kiyimlarini asrab yurar, har yili bir-ikki martadan shamollatib, yana taxlab qoʻyardi. Alisher boʻy yetib katta yigit boʻlgunicha jujuncha kitellar, yoqasi kashtalik koʻylaklar modadan qoldi. Hozir me’mor boʻlib, loyihalar chizib yuradigan Alisher otasining xrom etigini ham kiymadi. Tavba, hozirgi ziyolilar nega etik kiyishmaydi? Umarjon aka ham oʻqituvchi edi-ku. Maktabda botanikadan dars berar edi, lekin etik kiyib yurar edi.

Mayli, sandiqdagi kiyimlar rasmdan chiqqan boʻlsa ham, agar Umarjon aka kelsa, Iqbol opa bularni eriga albatta kiydiradi. Sandiqda chiroyli bir nay ham turibdi. Qashqar gʻarovidan ishlangan bu nayning nafis kumush halqalari oʻziga nihoyatda yarashgan. Nayning bir uchidagi kumush qubbachasi mayda koʻkish feruza bilan bezatilgan.

Umarjon aka shu nayda ba’zan «Navo»ni, ba’zan «Dugoh»ni, ba’zan Iqbol opa otini bilmaydigan gʻalati kuylarni chalardi. Shunda butun borliq zavqqa toʻlib, erib ketganday boʻlardi. Hozir ham goʻyo nay birdan tilga kirdi-yu, uni chalayotgan eri Iqbol opaning koʻzi oldida gavdalandi. Umarjon aka nayning teshigiga labini toʻgʻrilab, ogʻzini xiyol ochib, kuy chalganda uning oppoq tishlarida akslangan nurning shu’lasi kumush halqachalarda bilinar-bilinmas jilvalanardi. Hozir mana shu jilo nayda yana koʻrinib ketganday boʻldi. Umarjon aka nayda chalgan kuylar endi goʻyo Iqbol opaning qalbidan eshitila boshladi. Uning koʻnglida ham mana shu nay pardalariga oʻxshash nafis, goʻzal torlar bor edi-yu, buni faqat Umarjon aka chala olardi.

Eri urushga ketgandan beri Iqbol opa bu nayni hech kimga bergan emas. Nay oʻttiz ikki yildan beri sukut saqlaydi. Iqbol opaning qalbidagi muhabbat tuygʻusi ham hamon Umarjon akaga muntazir...

Umarjon aka shu kiyimlarini kiyib, nay chalib yurgan paytlarida yigirma uch yashar yigit edi. Iqbol opa esa endi yigirmaga kirgan kelinchak edi.

Oʻsha mas’ud damlari mana shu kiyimlarning qatida, qalampirmunchoqning hidiga qoʻshilib, nayning sirtida jilvalangan shu’lalarga aylanib, hamon tirik turibdi. Rost, Iqbol opa hozir pensiyaga chiqqan, nevara koʻrgan kayvoni. Lekin uning qalbida oʻttiz ikki yillik hijronning haqqi turibdi, shuncha yillarning sarflanmagan nafis tuygʻulari qatlanib yotibdi. U bir lahzaga boʻlsa ham yana yigirma yoshga qaytishni xohlaydi, suyukli eri bilan birga oʻttiz-qirqlardan takror oʻtishni istaydi.

Faqat bu istakning amalga oshishi uchun Umarjon aka qaytib kelishi kerak. Zora hozir bolalari bilan boshlashib kirib kelsa!

Mahfuza telegrammada «topdim» depdi-ku. Dadasini topmasa shunday dermidi?

Iqbol opaning qalbida shuncha yildan beri yashab kelgan ilinj ishonchga aylandi. U elektr dazmolni qoʻydi. Soʻng Umarjon aka kelsa kiyadigan narsalarni sandiqdan olib, dazmollay boshladi...

* * *

Sahar pallada koʻchada «Zaporojets»ning motori vagʻillagani eshitildi. Iqbol opa shosha-pisha hovliga chiqqan edi, darvozadan Mahfuza kirib keldi. Ona-bola kuchoqlashib ketdilar. Iqbol opa qizining yuziga yuzini bosdi. Shunda Mahfuzaning yuzi koʻz yoshidan nam ekanini sezdi-yu, yuragi «shigʻ» etdi.
— Qalay borib kelding? Dadangni topdingmi, yoʻqmi?!
— Daraklari topildi, oyi...

Alisher mashinasini darvozaxonaga kirgizib, undan tushdi-da:
— Yuringlar, uyga kirib gaplashaylik, — dedi.

Uning koʻrinishi ham allanechuk ma’yus edi. Opasi samolyotdan tushgandan beri aytib bergan hodisalar, oʻttiz yil oldingi shafqatsiz urushning tafsilotlari uni dahshatga keltirgan edi...

Ternopol shahri benderachilar yordamida ikkinchi marta fashistlarning qoʻliga oʻtgan kuni kechasi Umarjon aka olti xonali bir uyga oʻz boʻlinmasi bilan bekinib olib, oxirgi nafasi qolguncha jang qilgan. U bu uyda turadigan ayollar bilan bolalarni orqa tomondagi derazadan tushirib, qochirtirib yuborgan. Boʻlmasa, ular ham bitta qolmay halok boʻlar ekan. Chunki fashistlar Umarjon akalar bekingan uyni ogʻir tank bilan qulatib, ustidan bosib oʻtgan...

Ternopol dushmandan ikkinchi marta ozod qilinganda xarobalar ostida jon bergan jangchilar jasadi kavlab olinib, birodarlar mozoriga dafn etilgan, ammo ularning koʻplarini tanib boʻlmagan, nomlari aniqlanmay qolgan...

Faqat Umarjon aka orqa derazadan qochirib qutqargan bolalardan biri uni yaxshi eslab qolgan. Shu uyda bir necha vaqt birga turganlarida Umarjon aka oʻzining oʻzbekistonlik ekanini, Toshkentda bir oʻgʻil, bir qizi borligini aytgan, bu gap bolaning yodida qolgan. Hozir bu bola — qirq yoshdan oshgan oʻqituvchi ekan. Ternopollik iztoparlar Toshkentdagi Alisherning xatini olib, uning otasiga oid xujjatlarni qidirib yurganlarini shu maktabda ishlaydigan haligi oʻqituvchi eshitib qoladi.

Koramagʻizdan kelgan, qoshlari ingichka, qiyiq koʻz Mahfuza otasiga juda oʻxshash edi. U otasini qidirib borgandan keyin, haligi oʻqituvchi bir qarashdayoq Umarjon akani eslaydi. Hatto uni jangchilar «Umar» deb atagani ham endi yodiga tushadi. Umarjon aka derazadan qochirib, qutqarib qolgan ayollardan yana biri shu shaharda yashar ekan. Keyin hammalari harbiy komissariatga borib, Umarjon Rahimovning qanday halok boʻlgani, oʻlimi oldidan qanday jasorat koʻrsatgani va qaerda dafn etilgani haqida guvohlik beradilar. Umarjon aka shahar markaziga — ulugʻvor marmar obida qoʻyilgan sakson kishilik birodarlik qabriga dafn etilgan ekan. Lekin uning kimligi, qanday halok boʻlgani haligacha aniqlanmagani uchun marmarga yozilgan nomlar orasida uning nomi yoʻq edi. Mahfuza shahar tashkilotlariga uchrashib, marmar obidaga otasining nomini yozdirib qaytdi...

Hozir aeroportdan kelayotib, u buning hammasini ukasi Alisherga aytib berar ekan, koʻziga qayta-qayta yosh oldi. Alisher unga:
— Oʻzingizni bosing, opa, oyimga yomon ta’sir qiladi, — deb bir necha marta aytdi.
— Qandoq qilay? Ternopolda yurganimda ham hech koʻz yoshimni toʻxtatolmadim. Koʻchadagi odamlardan uyalganimdan qora koʻzoynak taqib yurdim. Ba’zida koʻzoynakning tagidan ham yosh oqib tushayotganini sezib, roʻmolcha bilan artib olaman.
— Lekin... haligi... — Alisherning ham oʻpkasi toʻlib, zoʻrgʻa gapirdi: — haligi... xarobalar ostida qolib ketganlarini oyimga aytmang.
— Jinni boʻpmanmi?..

Hozir Mahfuza oyisi bilan ichkari uyga kirganda sandiq yana ochilganini, dadasining yoqasi kashtalik koʻylagi silliq qilib dazmollab qoʻyilganini koʻrdi-yu, telegrammada «topdim» deb yozganidan pushaymon boʻldi. Iqbol opa undan xushxabar kutib, koʻzlari javdirab turibdi. Mahfuza oyisini quchoklab, yigʻi aralash:
— Oyijon, sizga kuvvat bersin, mard boʻling! — dedi.

Iqbol opaning rangi oppoq boʻlib ketdi. Qizining quchogʻidan sirgʻatib chiqdi-da, boʻshashgan, siniq tovush bilan:
— Nima... Dadang... endi yoʻqmi?.. — dedi.
— Nega?.. Dadamning ruhlari hamisha tirik! Dadam oxirigacha mardona turib bergan ekanlar. Qancha bolalarni onalari bilan qutqarib qolgan ekanlar.

Iqbol opa ingragandek bir tovush bilan:
— Men-chi? — dedi. Meni bu bevalikdan endi kim qutqaradi?

Iqbol opaning ogzi birdan quruqshab, boshi gir-gir aylana boshladi. Oyisining kasalini yaxshi biladigan Mahfuza:
— Oyijon, buncha qattiq olmang, oʻzingizni bosing! — deb uni sekin divanga oʻtqazdi.

Iqbol opa dazmollab qoʻyilgan yoqasi kashtalik koʻylakka qaradi. Endi buni hech kim kiymaydi! Shuncha yildan beri sandiqda asralgan etik ham hech kimga kerak emas! Kumush halqali nayni Umarjon aka endi hech qachon chalmaydi... Bu dahshatli oʻydan Iqbol opa yigʻlamoqchi boʻldi, lekin koʻziga yosh kelmadi. Tomogʻidan bir narsa boʻgʻib olgan, havo yetishmayotgandek qiynalar edi.

Alisher tez oshxonaga chiqib, bir piyola suv olib kirdi. Mahfuza oyisiga suv ichirdi. Keyin uni karavotga yotqizdi.

Kelinlari shifokor edi, darrov shpritsni qaynatishga qoʻydi. U qaynonasiga ukol kilib oʻrganib qolgan edi. Avval qon bosimini tushiradigan, yurakni tinchlantiradigan ukol qildi. Keyin nonushtaga yaqin insulin ukol qildi.

Iqbol opa uch-toʻrt kun oʻtgandan keyin xiyol oʻziga keldi-yu, Mahfuzadan soʻradi:
— Dadangning surat-puratlari yoʻq ekanmi?
— Suratlarini topolmadim.

Uzoq jimliqdan soʻng Iqbol opa yana soʻradi:
— Oʻz qoʻli bilan qabrga qoʻygan odam bor ekanmi?..
— Bilmadim... Men unaqa odamni koʻrganim yoʻq.

Alisher oyisining bu savollari tagida qandaydir ma’no borligini sezdi. U erining oʻlganiga yana shubha qilmoqda edi. Toʻgʻrirogʻi, «Umarjon akam bir kun emas, bir kun kelib qoladi», degan oʻttiz yillik ilinj Iqbol opaning qalbida yana uygʻonmoqda edi. Bu ilinjning tagida qanchalik katta mehr, qanchalik cheksiz sadoqat borligini Alisher endi sezmoqda edi. Buning hammasi — hayot-mamot urushida bizga gʻalaba keltirgan ulugʻ tuygʻulardan ekaniga cham uning endi aqli yetdi. Shuning uchun onasining qalbidagi ilinjni asrab-avaylagisi keldi.
— Kim biladi oyi, «oʻldi» deb qoraxat kelganlarning qanchasi, tirik qolgan-ku. Balki dadam ham toʻsatdan kelib qolarlar...

Bu gaplar Iqbol opaga yoqib, yostiqdan boshini koʻtardi, zaifgina kulimsirab:
— Tavba! — deb qoʻydi. — Fabrikada... askarlarga kiyim tikib yurganimda bir juvon bilan oʻrtoqlashib qolgandik. Ikkovimiz ham ilgʻor boʻlib, gazetalarda rasmimiz chiqqan edi. Shu dugonamga bir kun qoraxat keldi... Bechora eridan ayrilib rosa yigʻladi, aza tutdi. Bolasi yoʻq edi... Urushdan keyin boshqa erga tegdi... Bir kuni eshitsam, urushga ketgan eri tirik ekan, toʻsatdan kirib kelibdi... Dugonam pushaymon. Armon qilib yigʻlaydi...

Shu-shu Mahfuza ham, Alisher ham otalarining oʻlimini onalarining oldida tilga olmaydigan boʻldilar. Iqbol opa bir hafta koʻrpa-toʻshak qilib yotdi. Kelini unga har kuni kerakli ukollarni qilib, issiq-sovugʻiga qarab turdi. Keyin u oʻrnidan turib ketdi.

Bir kuni yarim kechada yana darvoza taqilladi. Iqbol opa buni yana oʻgʻlidan oldin eshitdi-yu, Alisherni uygʻotib:
— Qara-chi, dadanglar emasmikan? — dedi.

Darvozani qoʻshnilardan biri taqillatgan ekan. Alisher qaytib kelib, pidjagini yelkasiga tashladi-da:
— Akbarning xotinini toʻlgʻoq tutib qolibdi, tugʻruqxonaga olib borishim kerak ekan, — dedi.

Iqbol opa sekin bir «uh» tortdi, lekin oʻzini bardam koʻrsatib:
— Mayli, bolam, tezroq olib bora qol, — dedi.

Alisher darvozani ochib, mashinasini koʻchaga olib chiqar ekan, koʻnglida yorugʻ bir tuygʻu paydo boʻlganini sezdi. Hozir unga ham goʻyo otasi urushda oʻlmagandek, erta-indin darvozani taqillatib kelib qoladigandek tuyulardi...