OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifPirimqul Qodirov
Asar nomiYulduzli tunlar (II- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Pirimqul Qodirov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm355KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/09
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yulduzli tunlar (II- qism)
Pirimqul Qodirov

Arosat (Birinchi Qism davomi)

Samarqand - Hal Qiluvchi Olishuv

1

Boʻstonsaroyning bir chetida rang-barang toshlar bilan sangfarsh[1] qilingan marmar hovuzli hammom bor edi. Kechki payt shu hammomga Sulton Ali mirzoning haramidagi eng chiroyli qizlar choʻmilishga keldilar.

Hamomning ichida gilamlar va koʻrpachalar toʻshalgan, shohona dasturxon tuzab qoʻyilgan maxsus bir xona bor edi. Bir vaqtlar Sulton Mahmud mirzo tirikligida shu xonadan qizlar choʻmiladigan boʻlmaga maxfiy bir tuynuk ochilgan edi. Shahvoniyparastlik bilan dong chiqargan Sulton Mahmud mirzo oʻsha tuynukdan qizlarning choʻmilishini tomosha qilar edi.

Sulton Mahmud mirzo oʻlib ketganiga besh yil boʻldi. Hammomda maxfiy tuynuk borligini uning oʻn yetti yashar oʻgʻli, hozir Samarqand taxtida oʻtirgan Sulton Ali mirzo yaqinda bilib qoldi. Uni bu sirdan voqif qilgan Abu Yusuf Argʻun haramga bir qancha chiroyli qizlar keltirib berib, yosh podshoning sohib ixtiyor, sirdosh bekiga aylandi.

Hozir Sulton Ali mirzo qoʻlida may toʻla billur qadah bilan maxfiy tuynuk oldida oʻtiribdi. Marmar hovuzda qiy-chuv qilib choʻmilayotgan yalangʻoch qizlar uning koʻzlarini yondirib, vujudini jingak qilayotganday boʻladi. U tomogʻi quruqshaganda may xoʻplab qoʻyadi-yu, ammo koʻzini tuynukdan olmaydi.

Bir payt uning bu tomoshasiga kimdir xalaqit berdi.
— Mirzo hazratlari, xufiyalar favqulodda xabar keltirmishlar.

Sulton Ali mirzo Abu Yusuf Argʻunning mayin ovozini taniydi-yu, ammo unga oʻgirilib qaragisi kelmaydi:
— Nima xabar boʻlsa onamga aytavering.
— Begim hazratlari meni sizga yubordilar, amirzodam!

Sulton Ali mirzo endi Abu Yusuf Argʻunga oʻgirilib qaradi.

Uning quyuq ta’zimi ham, pastki tishlari tushib ketgan kemtik ogʻzining tabassumi ham koʻziga juda yomon koʻrindi:
— Janob bek, oʻzingiz-ku, bizga mehribonchilik koʻrsatib goʻzal qizlar peshkash qildingiz... Endi nega orom olgani qoʻymaysiz?
— Mirzo hazratlari, saltanatingiz xavf ostida! Men shuning uchun oromingizni buzishga jur’at etdim!
— Yana qanday xavf? Onam qayerdalar?
— Devoni xosda sizga muntazirlar.

Sulton Ali mirzo kayfini buzganlaridan achchigʻi kelib, qoʻlidagi qadahni mayi bilan marmar devorga otib urib chil-chil sindirdi. Soʻng barvaqt semirgan yoʻgʻon gavdasi kayfdan xiyol chayqalib, tashqariga chiqdi.

Qorongʻi tushib qolgan edi.

Devoni xosning kiraverishida ellik yoshlardagi qovoqlari qalin, jingalak soqolli bir bek qoʻl qovushtirib, bosh egib turibdi. Uy toʻrida tikka turgan Zuhra begimning yuzi qahrdanmi, qoʻrquvdanmi oqarib ketgan:
— Amirzodam, siz ayshu ishrat bilan bandsiz. Xiyonatchilar poytaxtni yogʻiyga pinhona topshirmoqchiligʻidan bexabarsiz!

Sulton Ali mirzodan norozi boʻlib shaharni tashlab chiqqan mingdan ortiq bek va navkarlar Andijondan qoʻshin tortib kelgan Bobur bilan birga Dargʻom boʻylarida fursat kutib yurganlari ma’lum edi. Ammo Sulton Ali mirzo barcha darvozalarga eng ishonchli kishilarini qoʻyib, shaharni mahkam berkitib yotar edi. Shuning uchun onasiga zarda qilib:
— Yana nima vahima? — dedi.
— Menga ishonmasangiz, mana Muhammad Sulton janoblaridan soʻrang. Bu bek hozirgina Boburning qarorgohidan qochib kelmishlar. Shahar ichidagi fitnachilar bugun kechasi Soʻzangaron darvozasini Boburga yashiriqcha ochib bermoqchi emishlar. Piringiz Xoʻja Yahyo ham sizdan yuz oʻgirib, Boburga tarafdor boʻlgan emishlar.
— Ishonmaymen! — deb Sulton Ali mirzo qoʻl qovushtirib turgan Muhammad Sultonga tikildi.
— Amirzodam, gapim yolgʻon boʻlsa bugun kechasi tekshirib koʻring! Men yogʻiylaringiz bilan Dargʻom boʻyida ikki hafta yurdim. Xoʻja Yahyoning rizoligini Bobur rosa oʻn bir kun kutdi. Nihoyat, bugun ertalab Mamadali kitobdor xoʻjaning rizoligini olib boribdir. «Tun yarmida kelsinlar, shaharga kiritgaymiz», deganmish. Bobur bugun peshinda ishongan beklarini toʻplab, mashvarat oʻtkazdi. Xayriyatki, uning ishongan beklaridan biri, men — sizning sodiq qulingiz edim!..

Sulton Ali mirzo qovogʻi qalin bekka endi mamnun nazar tashladi-yu:
— Oʻgʻrini qaroqchi urganday boʻlibdir! — deb xaxolab kuldi.

Uning kayf bilan beparvo kulishi Zuhra begimning gʻashini keltirdi:
— Amirzodam, har bir daqiqa gʻanimat. Xos nav-karlaringiz otlangan. Hammasi farmoyishingizga muntazir.
— Farmoyishmi? — deb Sulton Ali mirzo bir lahza oʻylanib oldi: — Mayli, Bobur darvozadan kirsin. Keyin tuttirib koʻziga mil torttirmoq kerak! Toki bizga qasd qilgani uchun abadiy koʻr boʻlib qolsin!

Abu Yusufbek oq oralagan qalin soqolining uchini tutamlab bosh chayqadi:
— Tuttirolsak yaxshi edi-yu, ammo bu reja ancha qaltis, amirzodam. Darvozani ochsak, soʻngra yopib boʻlmas. Boburning ulkan qoʻshini bor. Qal’a ichida ham tarafdorlari koʻp. Oʻtgan safar Samarqandga kirganda ochlarga non ulashib, dehqonlarga urugʻlik qarz berib, avomning koʻnglini ovlagan ekan. Bir yoqdan Xoʻja Yahyoning fatvosi bilan avom koʻtarilsa, tashqaridan qoʻshin kirsa...
— Yoʻq, bu — juda xatarnok! — dedi Zuhra begim.
— Ha, undan koʻra tezroq Soʻzangaron darvozasiga borib, u yerdagi soqchilarni almashtirish lozim, — dedi Abu Yusuf va zarhal jildga solingan bir qogʻoz keltirdi.— Amirzodam, mana bu — sizning muborak nomingizdan yozilgan nishon[2]. Bunda fitnachi beklarning nomlari ham koʻrsatilgan. Shular bugun kechasi qoʻlga olinmogʻi lozim.
— Fitnachilarning molu mulklari mana bu Muhammad Sulton kabi sadoqatli beklarga olib berilsin!— deb qoʻshimcha qildi Sulton Ali mirzo.

Qovogʻi qalin bekning josuslik qilishdan maqsadi ham shu edi. U Sulton Ali mirzoga ikki bukilib ta’zim qildi:
— Oʻlgunimcha xizmatingizdamen, amirzodam. Ijozat bering, mana bu muborak farmoyishingizni bajo keltirishda faqir ham navkarlarim bilan ishtirok etay.

Bu bek fitnachilarning hovlilarini talashda bevosita ishtirok etsa, koʻproq oʻlja olishi mumkinligini sezib shunday demoqda edi.
— Ijozat berdik.

Muhrdor chaqirtirildi va qogʻozdagi farmoyishga podshohning muhri bosildi.
— Qolgan ishni biz bajo eturmiz, — dedi Abu Yusuf Argʻun.

Sulton Ali mirzo til uchida:
— Men ham birga boray, — dedi.
— Yoʻq, yoʻq! — dedi Zuhra begim tez. U yolgʻiz farzandini qorongʻi tunda dushman koʻpayib ketgan shaharga chiqarishni istamas edi. Mirzo onasining yuzidan oʻtolmaganday boʻlib saroyda qoldi.

Soʻng ona-bola Boʻstonsaroyning ikkinchi qavatidagi ochiq ayvonga chiqib, Soʻzangaron darvozasi tomonga quloq sola boshladilar.

Tun sukunatida otlarning dupuri quloqqa baralla chalinardi. Amir Temur maqbarasidan sal nariroqda joylashgan Soʻzangaron darvozasi Boʻstonsaroyga koʻp ham uzoq emas edi.

Yarim kechada Boburning ilgʻorlari darvozaga sekin yaqinlashganda Abu Yusuf va Muhammad Sultonning navkarlari darvozaxona ustidan ularga kamondan oʻq otib, bir qancha kishini yarador qildi.

Qorongʻida devor tepasidan tusmol bilan otilgan ba’zi oʻqlar otlarga ham tekkan edi. Ogʻriqdan asabiylashgan otlarning qattiq kishnagani Boʻstonsaroyga ham eshitildi.

Darvozaxona ustidagi qoʻriqchilar Boburning odamlarini masxara qilib kulishardi:
— Mirzolaring barakni[3] xom sanabdir!
— Ha-ha-ha!
— Samarqandni endi tushlaringda koʻringlar!
— Keyin tushlaringni suvga aytursanlar?
— Ho-ho-ho!

Boburning qoʻshini orqaga qaytib ketishi bilan darvoza oldida shovqin tindi-yu, keyin shaharni u yer-bu yerida itlarning jon-jahd bilan hurgani, odamlarning achchiq faryodi eshitila boshladi. Abu Yusuf Argʻun boshliq xos navkarlar darvozani tinchitib, endi fitnachilarni ovlashga kirishganini ayvonda oʻltirgan Sulton Ali mirzo shu uzuq-yuluq dod-voylar tovushidan sezdi.
— Endi tinch uxlasak boʻlur, — deb xobgohiga kirib ketdi.

Ammo Zuhra begim qandillar yonib turgan oʻz xonasiga kelib, tong otguncha uxlamay oʻtirdi.

Hozirgina bir falokatning oldi olingan boʻlsa ham, ammo kelajakdagi mushkulotlar uning uyqusini qochirmoqda edi. Bobur Samarqandni yana qamal qilishi mumkin. Uning oʻtgan galgi qamali hali koʻpchilikning esidan chiqqan emas. Ichkarida Zuhra begim ishona-digan odamlar tobora kamayib boryapti. Bugun fitnachi beklar jazolansa va talansa, Sulton Ali mirzodan norozi boʻluvchilar yana koʻpayadi. Ularning boshchisi — Xoʻja Yahyo juda nufuzli ruhoniy. Sulton Ali mirzo Xoʻja Yahyoga qarshi keskin chora koʻrolmaydi. Chunki bu-tun dindorlar Xoʻjaning tomonida. Agar Xoʻja avom xalqqa fatvo berib, butun mullolarni ishga solsa, gʻulu koʻtarilib ketishi mumkin.

Zuhra begim xayolida oʻziga tayanch izlar ekan, yaqinda Buxoroni olgan, endi Samarqandga qoʻshin tortib kelishi kutilayotgan Shayboniyxon esiga tushdi. Bundan uch kun burun naqshbandiy darvishlaridan biri Zuhra begimga Shayboniyxondan maxfiy bir xat keltirib bergan edi. Begim pardali maxsus tokchada turadigan oltin sandiqchasiga kalit solib ochdi-da, oʻsha xatni olib, qandil yorugʻida qayta oʻqiy boshladi.

Zarvaraqqa bitilgan chiroyli yozuvda Zuhra begimning aqli va husni ustalik bilan ta’riflangan, yosh umrini oʻgʻliga fido qilib ersiz yurgani alohida ehtirom bilan tilga olingan edi. Xatning eng gʻalati joyi— Shayboniyxonning Zuhra begimga gʻoyibona koʻngil qoʻyib, unga uylanmoqchi ekanini she’r bilan aytgani edi:

«Oʻgʻlingiz oʻgʻlimu oʻzingiz yorim,

Dilbaru hamnafasu dildorim».

Hozir shu satrlarni oʻqiyotganda Zuhra begim zabardast bir erkakning oʻtli nafasini oʻz yuzida his qilganday boʻldi. Zuhra begim olti yildan beri mana bu toʻshakda yolgʻiz yotadi. Uning gulday umri bevalikda soʻlib boryapti. Zuhra begim tegaman, desa uni oladigan zodagonlar topilar edi. Axir u ta’rifi ketgan goʻzal qiz boʻlgani uchun Sulton Mahmudxonday podshohning suyukli xotiniga aylangan edi. Biroq oʻgʻli taxtda oʻtirgan Zuhra begim faqat oʻziga munosib podshohga tegishi mumkin, udum shunday.

Mana endi unga xaridor podshoh ham topildi. Begim Shayboniyxonning she’ridagi ikkinchi satrni yana bir oʻqiganda, xayoliy bir erkak uni quchib, «Dilbar yorim, dildorim!» deb erkalayotganday boʻldi-yu, badani qizib ketdi.

U oʻrnidan turib, katta toshoyna oldiga bordi-da, oʻzining aksiga tikilib qaradi. Uyqusiz tundan koʻz ostilari xiyol koʻkarib salqigan. Ammo qoshlar — qaldirgʻoch qanoti. Qora koʻzlari uchqun sochib porlaydi. Koʻkraklar baland. Boʻyni oq marmarday silliq, lab-lari ehtirosli.

Shayboniyxonning yoshi ellikka yaqinlashgan, xotinlari va bolalari bor, Zuhra begim buni biladi. Ammo begim oʻzining oynadagi aksiga mamnun tikilib turgan shu daqiqalarda: «Shayboniyxonning sahroyi xotinlari nima boʻlipti? — deb oʻylandi. — Men xonni oʻzimga shunday rom qilayki, hammasi ogʻzini ochib qolsin!»

Ertasiga oʻsha darvish kelib, begimning javobini olib ketishi kerak. Begim Shayboniyxonga xat yozish uchun qogʻoz qalam oldi.

Biroq qandillarda koʻpdan beri yonayotgan shamlarning tutunidan uy sal xira tortib qolgan edi. Zuhra begim havorang barqut darpardalarni ochdi-yu, sahar salqiniga yuzini tutib, ayvon eshigi oldida birpas turdi.

Shunda arkka yaqin bir mahalladan er kishining jon achchigʻi bilan qichqirgani eshtildi. Ayol kishining oʻkirib yigʻlagani unga joʻr boʻldi.

Abu Yusuf Argʻun bilan Muhammad Sulton hamon fitnachilarni ovlab yurgani, ularning uylarini talab boyiyotgani, allakimlar oʻq yoki tigʻ zarbidan jon berayotgani Zuhra begimning koʻz oldiga keldi. Shunda xayoli birdan boshqa yoqqa burildi.

Shayboniyxon Samarqandni jangsiz olish uchun Zuhra begimga yolgʻondakam ishq izhor qilayotgan boʻlsa-chi? Samarqandni olganidan keyin soʻzidan qaytsayu, Zuhra begimni mana bu qorongʻi tunda oʻkirib yigʻlayotgan ayolning ahvoliga solsachi?

Bu shubhadan begimning borligʻi muzlab ketdi. U orqasiga qaytib Shayboniyxonning maktubini yana qoʻliga oldi. Xon uning shunday shubhalarga borishini oldindan sezganday, maktubning yana bir joyida she’r aytgan edi:

«Men Samarqandni sensiz netayin,

Jasadi tiyrani jonsiz netayin?»

Bu satrlarning taftidan Zuhra begimning qalbiga yana iliqlik yugurdi. Shu topda begimning oʻziga ham yorsiz Samarqand — jonsiz tanaday sovuq tuyulardi. Shayboniyxon uning bevalik hayotiga issiq jon boʻlib kirib kelishi koʻz oldida gavdalandi-yu, qalamni qoʻliga olib, xonga javob yozishga kirishdi. Satr boshidan xonning ta’rifini yuksaklarga koʻtarib:

«Hazrati imomi zamon, xalifayi rahmon», deb yoza boshladi...

2

Samarqand qal’asining tashqarisidagi bogʻ koʻchalar, Ulugʻbek rasadxonasining atroflari, Obirahmat arigʻining boʻylari behisob qoʻshinga toʻlib ketgan. Choʻponota togʻining etaklarida, naryogʻi Zarafshon sohilida yuzlab oʻtovlar va chodirlar paydo boʻlgan.

Bu qoʻshinning sarkardasi Shayboniyxon Bogʻi Maydonga, Ulugʻbek qurdirgan mashhur Chilsutun koʻshkiga kelib tushgan edi. Shayboniyxon koʻshkning yuqorigi qavatida toʻrt tarafi ayvonlik katta uyda peshin namozini oʻqib boʻlgan ham ediki, yasovul kirib, Sulton Ali mirzo bir necha ichkilari bilan qal’adan xon huzuriga kelganini aytdi.

Shayboniyxonning kichik-kichik koʻzlari quvonchdan yaltillab ketdi.
— Sultonlarni bu yerga chorlang. Keyin mirzoni boshlab kiring.
— Hazratim, taxtingiz pastki oshiyonda.
— Joynamozim taxtimdan baland!
— Lutf qildingiz, hazratim!

Yasovul ikki bukilib ta’zim qilganicha orqasi bilan yurib chiqib ketdi.

Shayboniyxon boʻtaloq junidan toʻqilgan mayin malla joynamoz chetiga qaytib oʻtirdi.

Yasovul poygakdagi eshikdan Sulton Ali mirzoni boshlab kirganda Shayboniyxon hali ham shahnishinda oʻsha joynamoz ustida oʻltirgan edi. Shahnishin pastida uning oʻn chogʻli sultonlari choʻkkalab oʻltirishibdi.

Shayboniyxon bezaksiz joʻn kiyingan edi. Sulton Ali mirzo eshikdan kirgan zahoti uning sallasiga qadalgan duru gavharlar, toʻniga tikilgan oltinu marvaridlar dabdaba bilan yaltirab koʻzga tashlandi. Ammo Mirzoning koʻzlari besaranjom, semiz gavdasi boʻshashgan. U onasining va Abu Yusuf Argʻunning gapiga kirib, qal’adan qoʻshinsiz chiqib kelgan edi. Bu yerda xonning behisob qoʻshinini koʻrib, yuragi taka-puka boʻlib ketdi.

Shayboniyxon bilan avvaldan til biriktirib yurgan Abu Yusuf Argʻun Sulton Ali mirzoni xon huzuriga avrab olib kelish uchun boya tushki ovqat paytida mirzoga yaxshi koʻrgan maylaridan ancha ichirgan edi. Hozir Sulton Ali mirzo Shayboniyxonga tomon ta’zim bilan borayotganda oyoqlari gilamda qoqinib, gavdasi gandiraklab ketdi. Abu Yusuf Argʻun suyab qolmaganda yiqilib tushardi.

Shayboniyxon oʻrnidan turib, Mirzo bilan koʻrishar ekan, xushboʻy may hidi dimogʻiga urildi. U Mirzoning kayfi borligini darrov sezdi-yu, uni oʻgʻli Temur Sulton va kuyovi Jonibek Sultondan quyiroqqa oʻtqazishni yasovulga imo qilib buyurdi.

Shayboniyxon boshiga qizil boʻrk ustidan oq salla oʻragan, koʻk movutdan abo kiygan. Oltin tugmali abo tagidan kiygan yashil koʻylagi musulmon bayrogʻining rangini eslatadi. Joynamoz ustida oʻltirgani ham uni xudojoʻy bir odamga oʻxshatib koʻrsatar edi. Buning hammasi Sulton Ali mirzoning vahimasini sal bosdi-yu, ammo quyidan joy koʻrsatilgani uning izzat-nafsiga tegdi. Boshqa sultonlar Shayboniyxonning oldida choʻkkalab oʻtirganda, Sulton Ali mirzo ataylab chordana qurib oldi. Shayboniyxonning oʻgʻli unga gʻashi kelib qarab qoʻydi.
— Siz menga farzanddek yaqin boʻlmoqchimisiz, Mirzo? — soʻradi Shayboniyxon muloyim tovush bilan.
— Xon hazratlari ittifoq tuzish uchun chorlabdirlar...
— Volidai muhtaramangiz kelmadilarmi?
— Onam meni yubordilar.
— Ammo oʻzlari ham kelmoqchi edilar.
— Ayol kishi, tortinurlar.
— Odam yuboring, Mirzo, onangiz ham kelsinlar.

Sulton Ali mirzo yonida choʻkkalab oʻtirgan Abu Yusufbekka qaradi. Abu Yusuf Argʻun darhol oʻrnidan turib, Shayboniyxonga ta’zim qildi:
— Ijozat bering, xon hazratlari, men hozir borib Zuhra begimni aytib kelay.

Bu nozik ishlarning hammasi Abu Yusuf Argʻunning harakatlari bilan bitayotganini yaxshi biladigan Shayboniyxon yasovulga buyurdi:
— Abu Yusufbekka mening eng chopqir otlarimdan birini in’om qiling!
— Minnatdorman, hazratim!
— Bek, qaytishda Xoʻja Yahyoga ham xabar qiling. Sulton Ali mirzo kelgan joyga Xoʻja kelmasa ora uzilur.
— Haq gapni aytdingiz, xon hazratlari!

Abu Yusuf Argʻun bu topshiriqni bajarish uchun ketgandan keyin Shayboniyxon oʻrnidan turdi-yu, sultonlariga qarab:
— Mirzo bilan suhbatlashib oʻtiringlar, — dedi, oʻzi esa orqa eshikdan ayvonga chiqib, pastga tushib ketdi.

Sulton Ali mirzo atrofidagi sultonlarning adovatli yuzlariga qarab, ular orasida yolgʻiz qolishga qoʻrqdi va oʻrnidan turib, yon eshikka qarab yoʻnaldi. Shunda turkistonlik sultonlardan biri oʻrnidan sakrab turib, uning yoʻlini toʻsdi.
— Amirzoda, buyruq boʻdi[4], endi bizing yanimizdan ketmaysiz!

Barvasta bir navkar qoʻlini xanjarining sopiga qoʻyib, eshikka koʻndalang boʻlib oldi. Sulton Ali mirzo qopqonga tushganini endi sezdi-yu, kayfi birdan tarqab ketdi. Yuzi boʻzdek boʻlib, boyagi joyiga qaytib oʻtirdi.

Oradan bir-ikki soat oʻtgandan keyin Zuhra begim ham toʻrtta kanizi bilan Bogʻi Maydonga kirib keldi. Uning boshida kelinchaklarni eslatuvchi oq harir roʻmol, peshonasiga esa tillaqosh taqilgan. Egnida xipcha belli gulgun kabo. Uning tagidan kiyilgan oq atlas koʻylagining etagi shunchalik uzunki, ikki kaniz ikki tomondan koʻtarib kelyapti.

Zuhra begimni Chilsutunning pastki oshiyonida maxsus bezatilgan xonai xosga boshlab oʻtayotganlarini Shayboniyxonning qirq yoshlardan oshgan katta xotini koʻrib qoldi:
— Bu ne degan yuzsiz xotin? — deb yonidagi ayolga shipshidi: — Ersiragan megajin izzatini bilib uyida oʻtirmaydimi? Sovchi borib ishni bitirgancha shoshmay turmaydimi? Iloyim kasofati oʻzidan beriga kelmasin!

Zuhra begim xonai xosga kirganda Shayboniyxon taxt ustida oʻtirar edi. Zuhra begim ikki bukilib ta’zim qilar ekan, Shayboniyxon u bilan taxt ustidan tushmasdan soʻrashdi.
— Xush keldingiz, begim.

Xondan boshqacha muomala kutgan Zuhra begim toʻsatdan koʻngli buzilib, koʻziga yosh oldi.
— Xon hazratlari, men oʻzimni sizga qurbon qildim. Farzandimni, xonu monim — hammasini marhamatingizga ishonib topshirdim!

Zuhra begimning yuzi oq ipak toʻr ortidan aniq koʻrinmas edi. Xon uning gavhar koʻzli oltin uzuklar taqilgan qoʻllariga qaradi. Tomirlari boʻrtib turgan bu titroq qoʻllar begimning ancha yoshga borganidan dalolat berardi. Shayboniyxon yaqinda Buxoroda nikohlab olgan oʻn toʻqqiz yoshli kichik xotinini esladi. Soʻng Zuhra begimning kattagina oʻgʻli Sulton Ali mirzo koʻz oldidan oʻtdi.
— Xotirjam boʻling, begim Sizning maqsadingiz bizga ma’lum. Xudo xohlasa, murodingiz hosil boʻlmay qolmas.

Shayboniyxon boshqa hech narsa demadi. Yasovul Zuhra begimni xonai xosdan olib chiqib ketdi. Uni kanizlari bilan boshqa bir kichikroq xonaga kiritib, eshiklarini tashqarisidan yopib oldilar.

* * *

Shayboniyxonning nima qilmoqchi ekanini hech kim tushunmas, ammo bugun Bogʻi Maydonda favqulodda bir hodisa boʻlayotganini sezgan barcha lashkarboshilar va a’yonlar Chilsutun koshonasining yon-verida ikki-uchtadan boʻlib aylanib yurishar edi. Ularning orasida shoir Muhammad Solih ham bor edi. Uning ipak sallasi nozik qilib oʻralgan, kalta yengil ipak abosi oʻziga juda yopishib turadi. Yozda ham telpak kiyib yuradigan, urushdan boshqa narsani bilmay qoʻpollashib ketgan koʻchmanchi sultonlar uning ziyolicha nozik kiyinishini yoqtirmaydilar, temuriylar xizmatida oʻtgan ogʻir oʻtmishini eslatib turishni yaxshi koʻradilar.

Nayman urugʻining boshligʻi Qambarbiy bogʻda Muhammad Solihga tegishdi:
— Ha, janob shoir, Samarqanddan mirzongiz minan chechangiz[5] kelib, suyunib turibsizmi?
— Qambarbiy janoblari, Zuhra begim asli oʻzbekning nayman urugʻidan boʻlurlar. Begimni mendan oldin siz checha deyishingiz lozim.

Mangʻit, doʻrmon va qoʻshchi urugʻining sultonlari bu gapni yoqtirib xaxolob kuldilar. Qambarbiyning achchigʻi keldi. Muhammad Solihga oʻshqirib:
— Siz-chi? — dedi. — Siz barlos turkidanmisiz?!

Temur va temuriylardan chiqqan barloslar Shayboniyxonning eng yomon koʻrgan urugʻi edi. Muhammad Solih Xusayn Boyqaro saroyida xizmat qilgan, Sulton Ali mirzoga ham mulozim boʻlgan, axiri mirzolardan aynib, Shayboniyxon tomoniga qochib oʻtgan edi. U Sulton Ali mirzoning harbiy sirlarini Shayboniyxonga aytib berib, Buxoro va Dabusiya qal’asining olinishiga koʻmaklashgani uchun xon uni yoqtirib qolgan edi. Ammo Qambarbiy ichida uni: «Xiyonat yoʻli bilan obroʻ orttirgan beqaror turk!» deb yomon koʻrar edi.

Muhammad Solih Qambarbiyning bu nafratini oʻziga olgisi kelmay, gapni hazilga burdi:
— Janob Qambarbiy, men hozir — Oʻzbek turkidanmen!
— Quvlik qilmang, oʻzbek boshqa, turk boshqa!
— Lekin oʻzbekda «ota yurtim Turkiston» degan naql borku, bunisiga ne deysiz?
— Voy-boʻy, — dedi Koʻpakbiy, — manav shoiring bizning Turkistonni ham turklarga berib jubormoqchi-gʻu!

Dashti Qipchoqdan chiqqan omi Koʻpakbiy Turkistonday madaniy shaharni oʻziniki qilib gapirganidan Muhammad Solihning kulgisi keldi:
— Janob Koʻpakbiy, siz avval Turkiston degan soʻzning ma’nosini tushuning! Turkiston — turklar makoni degani-ku!
— Ne demoqchisan? Biz Rum[6] turkidan tarqagʻanmizmi?
— Aksincha, Rum turklari ham Turkistonni «ota yurtim» derlar. Ular bilan bizning ildizimiz bir. Samarqand qoʻrgʻonidan berida turgan hu ana u tepalarga bir qarang. Ana oʻsha yerda bundan ming yil avval Afrosiyob degan ulkan shahar boʻlgan. Afrosiyob esa Movarounnahr turklarining afsonaviy qahramoni edi. «Uning asli oti Alp Er Toʻngʻa boʻlgan» deb, «Qutadgʻu bilik»da Yusuf Xos Hojib yozmishdir.
— Bu shoir oʻzbekning nonini yeb, nuqul turkni maqtaydi-ya!
— Janob Qambarbiy, oʻzbek, qozoq, turkman, qirgʻiz— barchasi ham turkiy uluslardir. Bir otaning bolalaridek yerimiz bir, tariximiz bir. Sizlar oʻzbek urugʻlarining tarixini Oʻzbekxon[7] boshlaysizlar. Bu toʻgʻri emas.
— Nega toʻgʻri boʻlmas ekan? — Oʻshqirdi Koʻpakbiy,— Oʻzbekxondan tarqalgan emasmizma?
— Janob Koʻpakbiy, sizning qipchoq urugʻingiz Oʻzbekxondan ming yil oldin mashhur boʻlgan. Qoʻngʻirot urugʻining tarixi ham olti-etti asrga boradi. Mangʻit, nayman, doʻrmon, qushchi urugʻlari ham qadimdan beri bor. Bu urugʻlar hammasi hozir onhazratim Shayboniyxon qoʻl ostiga birlashib «oʻzbek ulusi» degan umumiy nom olgan ekan, sizlar bu ulusning tarixini esdan chiqarmanglar. Oʻzbek degan ism turkiy xalqlarda Oʻzbekxondan necha yuz yil oldin ham mavjud boʻlgan. Men Xorazmda oʻsmishmen. Qadimiy kitoblardan oʻqidimkim, Chingizxondan oldin shoh boʻlgan Xorazmshoh Muhammad oʻz oʻgʻillaridan biriga Oʻzbek deb nom qoʻymishdir. Shundan ma’lumki, bu nom yurtimizda Chingizxon kelmasidan oldin ham moʻ’tabar boʻlgan. Oʻzbek nomini bizning ulusimiz Oʻzbekxondan olgan emas. Aksincha, bu qadimiy nomni Oʻzbekxon bizning turkiy uluslardan olmishdir!
— Yana turkiy deydi-ya! Xon hazratlarining bobokalonlari ulugʻ Chingizxon turk boʻlmagʻan-ku!

Qambarbiy qaltis mavzuda gap ochganini sezib, hamma jim boʻlib qoldi. Chunki Chingizxonning gʻayridin boʻlganini, Buxoroning jome’ masjidiga ot minib kirganini Turonning koʻpchilik aholisi bilardi. Shayboniyxon bu aholini choʻchitmaslik uchun Chingizxon naslidan ekanini oshkor qilmasdan dil tubida saqlardi. Ammo xonning turkiy tilli musulmon ekanligi, islom bayroqdori boʻlib maydonga chiqqanligi katta bir siyosat shaklida ochiqchasiga targʻib qilinardi. Muhammad Solih ham ana shu siyosatga mos keladigan soʻzlarni izlab topdi:
— Janob Qambarbiy, Shayboniyxonning bobolari Abulxayrxon, otalari Shohbudoq Sulton islom dinidan bahramand boʻlishib, xoqoni a’zam Chingizxondan ham balandroq ma’naviy yuksaklikka koʻtarilganlar. Shayboniyxon hazratlari hozir ana shu yuksaklikda turib, Turonning pok musulmon xalqiga rahnamo boʻlmoqdalar!
— Ob-bo, sartting bolasi-ey, endi Turonni oʻrtaga solib, soʻzini oʻtkazmoqchi-da!
— Tarix shunday boʻlsa men ne qilay, janob Qambarbiy? Ming yillardan buyon Xurosondan naryogʻi Eronu berigi yogʻi Turon deb yuritilur... Xon hazratlari buni yaxshi bilurlar. Imomi zamon Buxoro madrasasida tahsil qoʻrganlarida juda koʻp turkiy she’rlarni yod olganlar. Oʻzlari ham turkiy tilda gʻazallar yozganlar. Men onhazratning gʻazallaridan bir bayt keltiray, eshiting:

«Firqat otidan yiqildim, yor keldi surgʻali

Ey Shayboniy, yor dardingga davo qildi yana».
— Xon hazratlarining bu she’rlari turkiycha emas, oʻzbekcha! — dedi Qambarbiy.
— Lekin barcha turkigoʻy shoirlar xuddi shu tilda she’r yozganlar-ku! Agar bu oʻzbek tilida boʻlsa, demak, Navoiy ham oʻzbek tilida yozgan. Demak, kamina ham hozir sizlar bilan oʻzbek tilida soʻzlashmoqdamen. Demak, Movarounnahrning turkiy tiliyu oʻzbek tili, aslida bir til. Janoblar, endi dilimiz ham bir boʻlmogʻi kerak. Temuriylar turku oʻzbek deb ulusni ulusdan ajratib, xalqni parokanda qildilar, mamlakat parchalanib, xarob boʻldi. Endi imomi zamon, Iskandari soniy[8] yana shu ulusni birlashtirib, mamlakatga yagona jon ato qilmoqchilar! Ilohim hazrat xonimiz shu maqsadlariga yetsinlar!

Muhammad Solihning bu gapiga endi hech kim e’tiroz qilolmadi. Munozarada ustalik bilan gʻolib chiqqan shoir koʻshkka qarab ketdi.

Koʻpakbiy Qambarbiyga qarab:
— Sartting bolasini koʻrdingizma? — dedi. — Bularni gap bilan jengib boʻlmaydi!
— Gap bilan yengmasak qilich bilan yengamiz! — dedi Qambarbiy. Hammalari xaholab kuldilar.

* * *

Koʻshkdan yasovul chiqib, bogʻda muntazir turgan lashkarboshi va a’yonlarni xon hazratlari yuqorigi qavatga kengashga chaqirganini aytdi.

Bogʻdagi arkoni davlat koʻshkning toʻrt burchiga minoraga oʻxshatib ishlangan va torgina yoʻlak ichidan oʻtgan zinapoyalar bilan yuqoriga koʻtarila boshladilar.

Xonning oʻzi hali ham pastdagi xonai xosda yana nimanidir kutmoqda edi.

Kechki payt Samarqanddan besh-oltita muridini ergashtirib, Xoʻja Yahyo ham chiqib keldi. U Bogʻi Maydonga kirib otdan tushayotganda sarosima boʻlib, oyogʻi uzangi qayishiga oʻralib qoldi. Muridlari uni suyab tushirdilar.

Katta oq salla, malla saqarlot delagay kiygan Xoʻja Yahyo Shayboniyxon oʻtirgan taxtning oldigacha ta’zim qilib bordi. Qiroatga oʻrgangan jarangdor tovush bilan:
— Assalomu alaykum, xon hazratlari, — dedi. — Samarqand darvozalari siz ulugʻ zot uchun ochiqdur!

Shayboniyxon Xoʻja Yahyo bilan oʻrnidan turmay soʻrashdi-yu, kinoya qilib dedi:
— Samarqand qopqalarini biz uchun siz ochib keldingizmi?
— Hazratim, har ish xudoning xohishi bilan boʻlur.
— Biroq sizning xohishingiz — Samarqandni Boburga berish edi-ku?
— Osiy bandalarmiz, xon hazratlari. Xatolik oʻtgan boʻlsa, afv eting, huzuringizga bosh egib keldim...

Xoʻja Yahyo koʻziga yosh oldi.

Shayboniyxon yasovulga buyurdi:
— Yuqoriga olib chiqib mirzosining qaptaliga[9] oʻtirgʻizing!

Xoʻja Yahyoni olib chiqib ketganlaridan keyin Shayboniyxon oʻzining eng yaqin maslahatgoʻyi boʻlgan oltmish yoshli moʻysafid mulla Abdurahimni chaqirdi va u bilan nima haqdadir yakkama-yakka gaplasha boshladi.

Xonning shoshilmayotgani ba’zi sultonlarni taajjubga solmoqda edi. Samarqand darvozalari ochiq paytda nega poytaxtga ot qoʻyib kirmasdan, bu yerda imillab oʻtirishibdi?

3

Shayboniyxon toʻrdagi eshikdan kirganda hamma oʻtirganlar oʻrinlaridan sapchib turib, xonga egilib ta’zim qildilar. Xon shahnishinga toʻshalgan kimxob koʻrpacha ustiga chordana qurib oʻtirdi. Uning oʻng yoniga choʻkka tushgan mulla Abdurahim qur’ondan qisqa bir oyat oʻqib, xon hazratlariga eng oliy tilaklar bildirdi-yu, nihoyat maqsadga oʻtdi:
— Imomi zamon, xalifai rahmonning niyatlari faqat shahar olish emas, dinu millat dushmanlarini fosh etib, sizu bizni Muhammad alayhissalom yurgan muqaddas yoʻlga yetaklashdir. Agar faqat molu mulkni oʻylaydigan podshoh boʻlsa, Samarqand qopqalari ochilgan zahoti urho-ur, deb qal’aga ot qoʻyib kirur edi, karnay-surnay chaldirib, oʻz gʻalabasini tezroq xalqqa oshkor qilur edi. Ammo bizning ulugʻ xonimiz — donolikda Iskandari zamon Shayboniyxon molu mulkdan avval insofu imonni oʻylayurlar.
— Barhaq! — deb qoʻydi mulla Abdurahimdan pastroqda oʻtirgan Muhammad Solih.
— Podshoh insofu imonni unutsa ne chogʻliq murdorliklar yuz berishi, mamlakat ne chogʻliq xarob boʻlishi temuriylarning kirdikorlaridan bizga ayon. Abdullatif mirzo oʻz otasi Ulugʻbek mirzoni oʻltirtirdi. Hirotda Husayn Boyqaro oʻz nevarasi Moʻmin mirzoni oʻltirtirdi. Mana hozir biz bilan oʻltirgan Sulton Ali mirzo oʻz ogʻasi Boysunqur mirzoni tuttirib oʻldirmoqchi boʻlganda, ogʻasi qochib qutuldi. Keyin Boysunqur mirzo bu inisini tuttirganda koʻzini koʻr qilmoqchi boʻldi. Ammo jallodni oltinga sotib olib, bu Mirzo ham qochib qutuldi. Mirzolarning saroyida sotqinlik, xiyonat, buzuqlik avj oldi. Qur’oni sharif mayni makruh deb qat’iy taqiqlagan. Ammo davramizda oʻltirgan mana bu yosh Mirzo joynamoz ustida oʻltirgan imomi zamon huzuriga may ichib shirakayf kelmish. Bu Mirzoning shahvoniyparastligi, shu yoshdan harom yoʻlga yurishligi imomi zamon xonimizga avvaldan ayon edi!

Koʻpakbiy gʻazablanib gap qoʻshdi:
— Osib oʻldirish kerak bunday Mirzoni!
— Ayb faqat bu navjuvon Mirzoda emas, — deb Muhammad Solih unga e’tiroz qildi. — Buning otasi Mahmud mirzo bagʻoyat imonsiz buzuq odam edi. Samarqandda podshohlik qilganda xotinbozlikka qanoat qilmay, bachchabozlikni ham avjiga chiqargan edi. Bechora xalq chiroyli yosh oʻgʻlonlarini koʻchaga chiqartirishga qoʻrqib, qizlarni yashirgandek ichkariga yashirar edi.
— Oʻgʻil otasiga tortibdir-da?
— Onasi-chi? Mirzoning onasi qalay?

Bu qaltis savoldan hamma bir lahza jim boʻlib qoldi. Chunki «Shayboniyxon Zuhra begimni nikohlab olmoqchi emish», degan ovoza koʻpchilikning esiga tushdi. Xon bu ayolga uylansa obroʻsi tushishini boyayoq sezgan va uylanmoqchi emasligini mulla Abdurahimga aytgan edi. Hozir mulla Abdurahim mish-mishlarni bartaraf qilishga shoshildi:
— Mirzolarning kasofati xotinlariga ham urmish. Bu Mirzoning onasi oʻz nafsi uchun yolgʻiz oʻgʻlini qurbon qiladiganga oʻxshaydi!

Mulla Abdurahimning bu gapidan keyin xonning Zuhra begimga munosabati ham koʻpchilikka ayon boʻldi. Sultonlardan biri:
— Quturgan biyaga sudratib oʻldirish kerak unday xotinni! — dedi.

Yana biri:
— Qopga solib eng baland minoradan tashlash kerak!— dedi.

Shayboniyxon munozaraga erk berib, oʻzi hammaning gapiga zimdan quloq solib oʻltirardi. Bir-biridan qoʻrqinchli takliflar koʻpayib ketgandan keyin Shayboniyxonning ishorasi bilan mulla Abdurahim hammani jim qildi.

Xon gapirar ekan, oʻnlab kishilar uning salmoqdor, vazmin ovozidan, dona-dona qilib aytayotgan soʻzlaridan sehrlanganday qotib quloq sola boshladi. Shayboniyxon mirzolarning insofni, imonni unutganlari, el-ulusni vayron qilganlariga yana bir talay misollar keltirdi-yu, birdan Xoʻja Yahyoga yuzlandi:
— Bu mirzolaringning piri — sizning otangiz Xoʻja Ahror edi. «Men valiyman» deb, podshohlarga hukmini oʻtkazib, juda katta boylik orttirgan edi. Bizning xabarimiz bor, otangizdan sizga juda koʻp oltin qolgʻan. Otangiz oʻlgandan keyin, mana, oʻn bir yildan beri siz Samarqandgʻa ruhoniy ota boʻlib yuribsiz. Siz ham nafsga berilib, juda koʻp siymu zar toʻplagʻansiz. Baliq boshidan buziladi. Pir qanday boʻlsa, murid ham shunday boʻladi. Qaptalingizda oʻtirgʻan mana shul shahvoniyparast yosh Mirzo sizning muridingiz, xudo oldida siz shungʻa javob beraman deb qoʻlini olgʻansiz!

Shayboniyxon shahodat barmogʻini bigiz qilib, avval Mirzoni, soʻng Xoʻja Yahyoni koʻrsatdi-da, keyin oʻsha barmogʻini pastga qaratib silkitdi:
— Sizning yana bir muridingiz ayol boshi bilan er istab kelib, pastda oʻtiripti. Sizning qanday pirligʻingizni mana shular koʻrsatib turipti! Siz avval muridlaringizga xiyonat qilib, Samarqandni Boburga bermoqchi boʻldingiz. Keyin bular pirlariga xiyonat qilib, mening oldimga keldi. Xiyonat ustiga xiyonat! Biri u yoqqa tortsa, biri bu yoqqa tortadi! Podshoh oʻzicha-yu, din rahnamosi oʻzicha! Biri birini aldaydi. Biri birining goʻshtini yemoqchi boʻladi! Muhammad alayhissalom ham paygʻambar edilar, ham podshoh edilar, ham lashkarboshi edilar. Kim shunga qodir boʻlmasa, kim paygʻambarimizning muqaddas yoʻlidan yurmasa, mana shu pir bilan muridga oʻxshab kofirlik jariga yiqiladi!

Shayboniyxon bu gaplarni oʻzining qoʻl ostidagi a’yonlariga ham tegizib gapirmoqda edi. Chunki ularning ba’zisi «xonimiz taxtu tojga qanoat qilmay imomi zamon, xalifai rahmon ham boʻlib oldilar», deb shivirlashar edi. Temuriylarning ishini koʻpdan beri kuzatib yurgan Shayboniyxon ularning saltanatlarida Xoʻja Ahror kabi diniy rahbarlar oʻzlaricha mustaqil hukmdor boʻlib olib, mirzolarning hokimiyatini ichdan zaiflashtirganini yaxshi bilar edi. Shayboniyxon xonlik hokimiyati bilan diniy hokimiyatni oʻz qoʻlida birlashtirib, temuriylarga nisbatan katta bir ustunlikka erishmoqda edi. U Buxoroda madrasada oʻqib yurganda shariat va tariqat ilmini yaxshi oʻrgangan, qur’onni yod bilar edi. Hozir Shayboniyxonning qarorgohida islom dinini undan yaxshi biladigan, qur’onni qiroat bilan oʻqishda undan oʻtadigan odam yoʻq edi. Uning imomlik va xalifalik unvonlari shundan ham kelib chiqqan edi. Shayboniyxon markazlashgan ulugʻ bir davlat tuzishga intilar ekan, bu maqsadga tezroq yetish uchun qoʻl ostidagi odamlarning ixlos va e’tiqodini ham qozonishga, ularning mafkurasini oʻziga boʻysundirib, hammasini bir dohiy atrofiga jipslashtirishga alohida e’tibor berar edi. U oʻz davrining eng zoʻr mafkurasi — diniy mafkura ekanligini yaxshi bilardi.

Shuning uchun hozir oʻzi erishayotgan muvaffaqiyatlarni ham dinga va ilohiy kuchlarga bogʻlab gapira boshladi:
— Bizning Samarqanddagi dushmanlarimiz yetti boshliq ajdarhoday zoʻr edi. Bu ajdarho ne-ne qoʻshinlarni komiga tortib yutib yuborgan. Ammo bizning imonimiz pok, niyatimiz xolis. Ollo taolo shu ajdarhoni inidan tortib chiqarib, bizning huzurimizga olib keldi. «Nima qilsang qil!» deb qoʻlimizga berdi. Xudoning qudrati bilan Samarqanddek shaharning qopqalari bizga jangsiz ochildi!

Samarqand urushsiz taslim boʻlayotganligi, uning podshohi va diniy rahbarlari oʻz oyoqlari bilan Shayboniyxon huzuriga kirib kelganligi naqadar ulkan bir zafar ekanini barcha a’yonlar goʻyo endi astoydil his qildilar. Bu zafarning xudo tomonidan berilganligi esa Shayboniyxonni ularning koʻziga xudoning nazari tushgan bir avliyo qilib koʻrsatar edi. Shayboniyxon nafasi oʻtkir valiy boʻlmasa, bu qadar murakkab, bu qadar qiyin ishni shunchalik donolik va ustalik bilan amalga oshirolarmidi?

Mulla Abdurahim oʻrnidan sakrab turib:
— Imomi zamonimiz ming yil umr koʻrsinlar! — deb olqish aytdi.

Boshqalar ham oyoqqa qalqdilar. Ustma-ust olqish yangradi:
— Iskandari soniyga ofarin!
— Hazrati valiyga ming rahmat!
— Xalifai rahmon dunyo turguncha tursinlar!

Hamma a’yonlar oʻrinlaridan turganlaridan keyin Sulton Ali mirzo bilan Xoʻja Yahyo ham joylaridan koʻtarildilar. Ammo ular tirik murdadek oyoqda zoʻrgʻa turishar edi. Agar hozir Shayboniyxon mana bu olqish aytayotganlarga bir ogʻiz buyursa, ular Mirzo bilan Xoʻjani tilka-pora qilib tashlashlari aniq edi.

Xonning ishorasi bilan olqishlar tindi, hamma joyiga qaytib oʻtirdi.
— Manavi xoʻja bilan mirzogʻa, — dedi Shayboniyxon, — ming azob berib oʻldirsak haqqimiz bor. Biroq insofu imon qanchalik boʻlishini bularga yana bir koʻrsatib qoʻyaylik. Mayli, qonlaridan kechaylik, jonlari omon qolsin!

Boyatdan beri oʻlimni boʻyinlariga olib, jonlaridan umid uzib oʻtirgan Mirzo bilan Xoʻja endi birdan egilib, xonga minnatdorchilik bildirdilar. Xoʻja Yahyoning koʻngli yumshab, koʻziga hatto yosh keldi:
— Xudo umringizni bersin, xon hazratlari!..
— Biroq, — dedi xon ovozini koʻtarib, — janob Xoʻja Yahyo molu dunyoga hirs qoʻyib, tavfiqni unutgan. Imonlarini poklash uchun Makkai mukarramaga safar qilsinlar. Xoʻjaga ertalabgacha muhlat beramiz. Kerakli narsalarini yigʻishtirib, ikki oʻgʻillari bilan birga hajga joʻnasinlar. Koʻpakbiy!
— Labbay, xon hazratlari!
— Xoʻja Yahyoni oʻgʻillari bilan erta ertalab Samar-qanddan chiqarib qoʻyishni sizga topshirdik!
— Bosh ustiga, xon hazratlari!
— Mana bu yosh Mirzo, — deb Shayboniyxon Sulton Ali mirzoga qarab davom etdi, — bizga oʻgʻil tutingisi kelibdi. Mayli, dindan qaytganni yana din yoʻliga solish — savob ish. Shahzoda Temurxon uni oʻz odamlari qatoriga olsinlar.

Otasiga yaqin oʻtirgan yigirma yoshli xushbichim Temurxon semiz Mirzoga nafratli bir nazar tashladi-yu, ammo xonga ta’zim qilib, buyruqni bajarajagini aytdi.
— Yaxshi boʻlsa oshini yer, — qoʻshib qoʻydi Shayboniyxon, — yomon boʻlsa boshini!

Sulton Ali mirzo vaqtincha tirik qolayotganini koʻp odam shu soʻzlardan sezdi. Endi pastki qavatda oʻtirgan Zuhra begimning taqdirini hal qilish kerak edi.

Shayboniyxon bir vaqtlar Zuhra begimni juda goʻzal deb eshitib, «oʻzimga gʻunchachi[10] qilib olarman», deb oʻylagan edi. Shuning uchun begimga yozgan xatiga bir necha satr she’r qoʻshgan edi. Ammo uni bugun oʻz koʻzi bilan koʻrgandan keyin begimdan ixlosi qaytdi. Toʻgʻri, she’r yozib begimni aldagani koʻnglining bir chetini xira qilib turar edi. Ammo bu yerda Zuhra begimdan nafratlanib gapirgan a’yonlar u xotinning buzuqligiga xonni ham ishontirdi-yu, koʻnglidagi bu xiralikni tarqatib yubordi. «Oʻzi shunday aldanishga munosib xotin ekan, — deb oʻylandi xon. — Agar hozir qoʻyib bersam, sultonlar uni quturgʻan biyaga sudratib oʻldiradi. Lekin men «Murodingizga yetasiz!»— dedim. Murodi — erga tegish ekan. Zoʻr bir er topib berib, soʻzimning ustidan chiqayin!»

Xonning koʻzlari davrada oʻtirgan sultonlarni oralab oʻtib, poygakroqda oʻtirgan yoʻgʻon gavdali choʻtir qora kishida toʻxtadi. Mansur baxshi deb ataladigan bu odam tabiblik qilar edi. U childirma chalib «koʻchiriq» qilishni ham bilar edi, «koʻtaruvchi» degan laqabi bor edi. Unga xotin chidamas — olgan xotinlari yo bir-ikki yil umr koʻrmay oʻlar, yoki qochib ketar edi.
— Mansur baxshi, siz xotinga yolchimay yuribsiz,— dedi Shayboniyxon. — Pastdagi begim kelinchak yongliq yasanib kelibdi. Shuni sizga uzatayikmi?

Mansur baxshi oʻrnidan sakrab turdi, quvonganidan ogʻzi qulogʻiga yetguday kulib ta’zim qildi:
— Marhamatingizdan aylanayin, hazratim, jon deyman!

Hamma kulib yubordi. Shayboniyxon bu tugunni ham sulton va a’yonlarga yoqadigan bir ustalik bilan yechganidan koʻpchilik mamnun edi:
— Xon hazratlari dono yoʻl topdilar!
— Mansur koʻtaruvchi endi begimni quchogʻidan qoʻymay rosa koʻtaradi.
— Biri biriga munosib!
— Biroq, — Shayboniyxon yana soʻz boshlagan edi, oʻzaro gaplar va kulgilar darhol bosildi, — baxshining toʻyini Samarqandda qilamiz. Hammamiz shaharga tartib bilan kiramiz...

Samarqandda bir necha marta boʻlgan va qayerda nima borligini yaxshi biladigan xon qoʻshinlarning shaharga kirish va joylashish tartibini oldindan oʻylab qoʻygan edi. Hozir shuni buyruq shakliga keltirib, lashkarboshilarga aniq koʻrsatmalar bera boshladi.

Shayboniyxonning besh ming kishilik qoʻshini Chorraha darvozasidan Samarqandga kirib borganda shaharning narigi tomonidagi Soʻzangaron darvozasidan yuzlab odamlar qochib chiqib ketmoqda edilar. Bobur hozir Shahrisabzda edi. Samarqanddan qochib chiqqan uning tarafdorlari Shahrisabzga qarab shoshilmoqda edilar.

Ammo Shayboniyxonning quyunday yugurik otliqlari ularning koʻpini quvib yetib, koʻchlarini talashdi, koʻplarini ayovsiz oʻldirishdi.

Kechasi shaharda talonchilik avjiga chiqdi. Faqat Xoʻja Yahyoning hashamatli uyiga va keng hovlisiga talonchilar yoʻlatilmadi. Koʻpakbiyning yuztacha navkari Xoʻja Yahyoning hovlisini qoʻriqlab turdi. Biroq Koʻpakbiy qoʻygan maxsus odamlar Xoʻja Ahrordan qolgan boyliklar, oltin va javohirlarning qaysi sandiqlarga joylashtirilayotganini pana-panadan kuzatib, koʻz tagiga olib qoʻydilar.

Xoʻja Yahyo ikki oʻgʻli, uch xotini, oʻn beshtacha xizmatkori yordamida tuni boʻyi koʻch yigʻishtirdi. Tong otganda barcha sandigʻu boʻgʻchalarini, koʻch-koʻronini toʻrtta aravaga va oʻn ikki tuyaga yuklatdi. Ayollarni soyabon aravaga chiqarishdi. Xoʻja Yahyoning oʻzi, ikki oʻgʻli va oʻnta qoʻriqchi xizmatkor yigiti eng yaxshi otlarini mindilar, Samarqand bilan gʻamgin xayrlashib, qal’adan chiqdilar. Koʻpakbiy oʻz navkarlari bilan birga Xoʻja Yahyoni Ohaklik togʻigacha kuzatib qoʻydi. Termiz yoʻliga togʻ oshib oʻtish kerak edi. Bir togʻ darasining ichida Koʻpakbiy Xoʻja Yahyoga qarab:
— Biz onhazratimning buyrugʻini bajardik, endi u yogʻiga oʻzingiz ketavering! — dedi-yu, navkarlari bilan orqaga burildi.

U koʻrinishidan Samarqandga qaytmoqchiga oʻxshardi. Ammo daradan chiqqandan keyin yoʻlni oʻngga burdi, boshqa bir dara orqali Xoʻja Yahyoning oʻng tomonidan aylanib oʻtdi.

Gʻira-shira qorongʻilik tushib, odam odamni yaxshi tanimaydigan payt boʻlganda Koʻpakbiy barcha askarlari bilan yuqoridan koʻchkiday yopirilib tushdi. Qiy-chuv, dod-voylarga qaramay, Xoʻja Yahyoning oʻzini ham, ikki oʻgʻlini ham, qoʻriqchi yigitlarini ham qilichdan oʻtkazishdi. Tirik qolgan ayollar Koʻpakbiyning oʻnboshilariga boshqa oʻljalar qatorida ulashildi. Sandiqdagi javohirlar va oltin-kumushlarning yarmi kechasi xonning xazinasiga eltib topshirildi. Chunki Koʻpakbiyning Xoʻja Yahyoni hajga joʻnatish bahonasi bilan togʻ ichida oʻldirishi va boyligini musodara qilishi Shayboniyxonning imo-ishorasi bilan qilingan edi.

Bu voqeadan xabar topgan Sulton Ali mirzo oʻlim xavfi oʻziga ham yaqinlashib kelayotganini sezdi-yu, qanday qilib boʻlsa ham qochib qutulishning payiga tushdi. Quyuq tuman tushgan kuni azonda ikki navkari bilan Feruza darvozasidan yashiriqcha chiqib, Panjakent tomonga qochdi. Biroq Temur Sulton uning ketiga qoʻygan xufiyalar bu voqeadan xabardor edilar. Sulton Ali mirzo qal’adan qochib chiqquncha uni ataylab qoʻyib bergan edilar. Chunki uning aybini boʻyniga qoʻyib qochib ketayotgan paytida tutib oʻldirmoqchi edilar. Sulton Ali mirzo Siyob boʻylariga bormasdanoq ketidan Temur Sulton ikki yuz navkari bilan uni quvib yetdi va darhol oʻrab olib, bir qilich zarbi bilan boshini tanasidan judo qildi.

Mansur baxshiga nikohlab berilgan Zuhra begim yolgʻiz oʻgʻlining tobutda boshsiz yotgan tanasini koʻrganda oʻzining kallasiga mushtlarini urib dod soldi, yuzini qoʻli bilan tirnab qonatib yubordi, koʻylagining yoqasini yirtib chinqirdi. Lekin gʻoliblar buning hammasiga: «Battar boʻl, oʻzing sababchisan!» degandek bir zaharxanda bilan qarashdi.

4

Suvlarning yuzi xazonlarga toʻlib oqadigan sershamol kuz kunlari boshlandi. Samarqanddan oʻttiz chaqirimcha sharq-janub tomonda, Panjakentdan quyida Zarafshon daryosini kechib oʻtgan ikki yuzdan ortiq qurolli suvoriylar qorongʻi tushganda Siyob boʻyiga yaqinlashdilar. Ular yoʻllarida uchragan qishloqlarni chetlab oʻtishar, hech qayerda toʻxtamasdan, shovqin-suron koʻtarmasdan, mumkin qadar sukut saqlab kelishar edi. Ularga birda-yarim duch kelib qolgan dehqonlar qoʻrqib oʻzlarini chetga olar edilar. Shayboniyxonning askarlari hammaning yuragini olib qoʻygan edi. Hozir Samarqand atroflarida xonning besh mingdan ortiq qoʻshini bor edi. Odamlar mana bu otliqlarni ham shu qoʻshinning bir boʻlagi deb oʻylab, ulardan balodan qochganday qochar edilar.

Biroq otliqlarning oʻzlari allanarsadan xavotiri borday ehtiyot bilan bormoqda edilar. Qorongʻida Siyobdan oʻtayotganlarida, otlarning besh-oltitasi balchiqqa tiqilib qoldi. Ularni balchiqdan chiqarishga urinib, oʻzlari loyga botgan, yuzlarini qamishlar tirnagan navkarlar achchiq ustida baland ovoz bilan soʻzlashgan edilar, tanish ovoz ularni urishib berdi:
— Muncha dodlaysiz? Yogʻiyga xabar bermoqchimisiz?

Boburning ovozini tanigan bir navkar:
— Ma’zur tuting, amirzodam, — dedi. — Harom oʻlgur ot yomon tiqildi!

Buloq suvlaridan yigʻilgan Siyob sovuq kuz kechasida bugʻlanib oqmoqda edi. Tun qorongʻisi ustiga suv bugʻlari ham qoʻshilib, balchiqni quruq yerdan ajratib boʻlmas edi. Loyga botgan otlar ancha odamni yoʻldan tutib qolayotganini koʻrgan Bobur:
— Bas, chiqarib boʻlmasa, qolsin! — dedi.

Qosimbek darhol uning soʻzini quvvatladi:
— Piyoda qolganlar mening otlarimdan olsinlar!

Oti loyga tiqilgan navkarlardan biri Tohir edi.
— Togʻlarda qancha otu tevalar qoldi, uchmalardan oʻtib kelgan otim endi shu balchiqda qolsinmi-a? — dedi Tohir otiga achinib.
— Oʻzimizning jonimiz ham qil ustida! — dedi Bobur.

Tohir Qosimbek uchun yetaklab kelinayotgan otlardan biriga mindi. Yana ikki navkar piyoda qolgan edi. Ularga Bobur oʻzining toʻrtta otidan ikkitasini berdi.

Hozir uning koʻziga ot-ulov koʻrinmas edi. Eng muhimi, uning Samarqandga yaqinlashayotganini Shayboniyxon mutlaqo sezmasligi kerak.

Bobur yozi bilan togʻlarda yurdi, Shahrisabzdan Hisorga, undan Fondaryo boʻylariga oshib oʻtdi. Samar-qand beklari butun navkarlari bilan Hisor hokimi Xisravshoh tomoniga oʻtib ketdi. Andijondan Bobur bilan kelgan odamlarning koʻpchiligi Iskandarkoʻl boʻylaridan Oʻratepa orqali Fargʻona vodiysiga qaytdilar.

Jangdovullar bu xabarlarning hammasini Shayboniyxonga allaqachon yetkazgan edilar. Boburning bir necha yuz kishi bilan togʻ orasida qiynalib yurganini aniq biladigan Shayboniyxon endi uning Andijonga qaytib ketishiga yoki Oʻzgandan narida xonlik qilayotgan togʻasi Olachaxon oldiga borishiga shubha qilmas edi. Shayboniyxon yov hujum qilishini kutmas, shuning uchun shaharda besh yuz kishilik qoʻshin qoldirib, qal’a tashqarisidagi Xoʻja Diydor degan joyni qarorgoh qilgan edi.

Shayboniyxonning bexavotir yurganidan xabar topib, Samarqandga tavakkal qilib borayotgan Bobur juda qaltis bir ishga bel bogʻlaganini sezardi. Shayboniyxonning josuslari koʻpligi unga ma’lum edi. Xon oʻzini sezmaganga solib, Boburni shaharga yaqin kelguncha qoʻyib berishi, keyin qurshovga olishi mumkin edi. Shahar ichidagi qoʻshin ham Boburning odamlaridan ikki-uch barobar koʻp. Bobur Shayboniyxonning qoʻliga tushsa, tirik qutulolmasligini biladi. Navkarlar, beklar omon qolishi va xon askarlari safida xizmat qilib ketishi mumkin — Sulton Ali mirzoning koʻpchilik bek va navkarlarini xon oʻz lashkarlariga qoʻshib olgani hammaga ma’lum. Ammo yangi bir sulolaga asos solmoqchi boʻlgan Shayboniyxon temuriylarni ayovsiz oʻldirishga qasd qilganini Bobur bilar edi. Shuning uchun agar biron falokat boʻlsa-yu, qutulib ketolmasa, oxirgi nafasigacha jang qilishga, xonning qoʻliga tirik tushmaslikka ahd qilib bormoqda edi.

Qorongʻida yana bir talay ariqlardan oʻtdilar, kuz kirib, egalari koʻchib ketgan kimsasiz bogʻotlarni oralab borib, Samarqanddan beriroqdagi Puli Magʻoq koʻprigi oldida toʻxtadilar. Bundan ikki kun oldin toʻrtta ishonchli navkar dehqon kiyimida shu yerga yuborilgan, ular qal’a devoriga qoʻyib chiqish uchun ulkan shotilar tayyorlagan, shu bilan birga, vaziyatni oʻrgangan edilar. Oldindan tuzilgan rejaga binoan, navkarlardan yetmish saksontasi shu yerda otdan tushdilar va shotilarni koʻtarishib, sekin Gʻori Oshiqon deb ataladigan baland jarlikka tomon piyoda ketdilar.

Bobur qolgan navkarlar bilan Feruza darvozasiga yaqin borib, daraxtzor tepalik panasida toʻxtadi.

Atrof jimjit. Uzoqdan xoʻrozning birinchi qichqirigʻi eshitildi. Osmon ola bulut. Qorayib turgan baland qoʻrgʻon koʻzga zoʻrgʻa chalinadi. Bobur yonidagi Qosimbekning yutoqib, titrab nafas olganini sezdi-yu, oʻzining ham eti ucha boshladi.

Qal’adan ajal sovugʻi esayotganday tuyulardi. Bundan toʻrt oy oldin mana shunday qorongʻi tunda Xoʻja Yahyo shahar darvozasini yashiriqcha ochib berishiga ishonib dushmanning masxarasini eshitib qaytgani esiga tushdi. Undan oldin Gʻori Oshiqonga kechasi borgan yigitlarning aldanib, qoʻlga tushib halok boʻlgani koʻz oldiga kelib, qalbiga tahlika solib oʻtdi. Bobur bu gal yana aldanmaslik uchun shahar ichidagi tarafdorlarning hech biriga xabar bermasdan, faqat oʻz kuchiga ishonib, tavakkal qilib keldi. Ammo uning ikki yuz qirq kishilik bir dasta qoʻshini Shayboniyxonning besh-olti ming kishilik lashkarlariga qanday bas kelishi mumkin? Yana xon qoʻshini mustahkam qal’a ichida. Tarixda bunchalik tavakkalchilik boʻlganmikin?

Qoʻrgʻonga pinhon yetib oldilar. Agar Shayboniyxon ichkariga «qopqon» qoʻygan boʻlsa-chi? Bobur bu «qopqon»ga oʻz oyogʻi bilan kirib boradimi?

Ba’zi beklar mana shu andishalarni aytib, Boburni qaltis niyatidan qaytarmoqchi ham boʻldilar.

Ammo bu niyatdan qaytish — Andijonga shumshayib borib, yana Ali Doʻstbekka mute boʻlish degan soʻz edi. Yoki uysiz, joysiz, kuz izgʻirinlariyu qish sovuqlarida xoru zor boʻlib yurishlari kerak edi. Bobur muteligu xor-zorlikdan koʻra bir oʻlimni boʻyniga olib, Shayboniyxonga yoʻlbarsday dadil tashlanishni afzal koʻrgan va beklarni ham shunga koʻndirgan edi.

Agar ishlari chappasidan kelsa-yu, Shayboniyxonning qopqoniga tushsalar, ajal sirtmogʻi eng avval Boburning boʻyniga tushishini hammalari bilardilar. Boburning barcha harakati — yov «qopqoni»ning qopadigan joyiga tegmasdan oʻtishga qaratilgan edi. Shu yergacha sharpalarini yovga sezdirmay keldilar. Endi bu yogʻi qandoq boʻlarkin?

Bobur butun vujudi bilan atrofga quloq solar ekan tun sukunatida oʻz yuragining dukillab urishini baralla eshitdi. Bu dukillashda goʻyo taqdir otining dukuri ham bor edi.

* * *

Ogʻir shotilarni sekin koʻtarib, qadimiy Chaqardiza[11] qabristonini aylanib oʻtayotgan navkarlarning biri — Tohir edi. Ular qorongʻida turtina-turtina Shohi Zindaning orqa tomonidagi bahaybat bir oʻngirga yaqinlashdilar. Oʻngirning tepasi baland jar. Uning etagida gʻor ham bor. Bu vahimali joylarga kunduzlari ham hech kim kelmaydi. Oyoq osti chakalakzor. Qoʻrgʻonning devori mana shu jar ustidan oʻtadi. Shotilarni devor tagiga koʻtarib borguncha, yigitlar qora terga botib ketishdi.

Ularga boshchilik qilayotgan Noʻyon Koʻkaldosh devor tepasiga tikilib birpas kutdi. Terak boʻyi keladigan gʻishtin devor juda enli boʻlib, uning tepasidan bir necha kishi bemalol yurib oʻtishi mumkin edi. Biroq tepada hech bir sharpa sezilmas, qorovullar sovqotib pastga tushib ketganga oʻxshardi.

Shotilarni sekin tikladilar, uchini devor qirrasiga tirab qoʻydilar.
— Qani, chiqinglar! — shivirladi Noʻyon Koʻkaldosh gʻuj boʻlib turgan navkarlarga. Ammo oʻn uch gaz balandlikdagi devor juda vahimali, undan yiqilgan odam tirik qolmasligi aniq edi. Ehtimol, qorovullar sezib qolisharda, chiqayotganlarga tosh otar, oʻq yogʻdirar? Sal itarib yuborsa ham tamom. Shuni sezgan navkarlarga birinchi boʻlib chiqish juda dahshatli tuyulardi.

Oxiri Noʻyon Koʻkaldosh oʻzi shotining poyasiga oyoq qoʻydi-yu:
— Bir oʻlim boʻlsa hammavaqt bor, mardona boʻling-lar, qani! — dedi.

Tohir ikkinchi shotidan chiqa boshladi. Shotilar keng, mustahkam qilib ishlangan, har biri olti-etti kishini bemalol koʻtarar edi.

Yigitlar oldinma-keyin yuqoriga chiqar ekanlar, Noʻyon hammadan oldin devor tepasiga yetdi. Devorning usti yoʻlkaday keng, otliq yursa ham boʻladigan. Yaqin orada hech kim yoʻq.

Tohir ham chiqib, oʻzini devor kungurasining panasiga oldi va pastdan chiqqan navkarni qoʻlidan tortib shivirladi:
— Bolta qani?
— Mana.

Ikkinchi navkar beliga qistirilgan boltani Tohirga olib berdi.
— Shinakka bekin! — shivirladi Noʻyon kimgadir.

Kungura va shinaklar boʻlmasa, devor ustidagi odamning qorasi pastdan koʻrinib qolishi mumkin edi. Shuning uchun pastdan chiqqan navkarlar shinaklarga bekinib turdilar. Hamma chiqib boʻlgandan keyin, sekin-sekin yurib, engashib, devor usti bilan Feruza darvozasi tomonga bora boshladilar.

Devorning ma’lum bir joylarida qorovulxonalar bor edi. Bir qorovulxonaga yaqin kelganlarida ichkaridan kimdir naymancha talaffuz bilan uyqu aralash:
— Irisbay, keldingma? — deb soʻradi.

Devor ustidan kelayotganlar taqqa toʻxtashdi. Tohir qoʻlidagi boltaning sopini ikki qoʻllab qisdi-yu:
— Ha, — dedi.

Ammo ichkaridagi qorovul uning ovozini tanimay hadiksiradi shekilli, uyqusi birdan oʻchib:
— Kimsan? — dedi.

Noʻyon Koʻkaldosh qorovulxonaga qarab otildi. Qorovul ichkaridan shoshib chiqayotganda koʻkragiga gʻarchillatib xanjar sanchdi. Qorovul jon achchigʻida chinqirib yubordi. Pastdagi qorovullar ham uygʻonib ketdi.
— Tohir toʻxtamasdan darvozaga yugur! — dedi Noʻyon Koʻkaldosh. U yigitlarning besh-oʻntasini pastda uygʻongan qorovullarni bir yoqli qilish uchun qoldirdi-yu, oʻzi boshqa navkarlarni ergashtirib, Feruza darvozasiga tomon yugurib ketdi.

Shayboniyxon bu darvozani qoʻriqlashni Fozil Tarxon bilan uning yuz ellik yigitiga topshirgan edi. Hozir bu yigitlarning koʻpchiligi uy-uyiga tarqab ketgan, darvoza qorovulxonasida yigirmatacha odam uxlab yotar edi. Ular to uygʻonib, qurol-yarogʻlarini qoʻllariga olgunlaricha bolta koʻtargan Tohir darvoza qulfiga yaqinlashdi. Otning kallasiday keladigan qulf bir-ikki zarbani pisand qilmadi. Uyi bu yerga yaqin boʻlgan Fozil Tarxon mash’ala koʻtargan yigitlari bilan darvozaxonaga yetib keldi. Ularning biri darvoza qulfiga bolta urayotgan Tohirga qarab nayza otdi. Nayza Tohirning dubulgʻasiga yonlama tegib sirgʻalib oʻtdi-yu, darvoza yogʻochiga qadaldi. Darvozaxonada nayzabozlik va qilichbozlik boshlandi. Noʻyon Koʻkaldosh boshliq yigitlar koʻpchilik edi. Fozil tarxon boʻynidan qilich yeb, otdan yiqlib tushdi.

Tohir boltani ikki qoʻllab koʻtarib, goh qulfga, goh darvoza zanjirining zulfiga urar, temirdan uchqun sachrar, ammo zoʻr qulf, «qilt» etmas edi. Nihoyat, zulfin sindi-yu, zanjir sharaqlab tushdi.

Qoʻrgʻon atrofida suv toʻldirib qoʻyilgan enli choh bor edi. Chohdan darvozaga oʻtiladigan koʻprik ham maxsus zanjir bilan darvoza tomonga koʻtarib qoʻyilgan edi. Tohir darvozani ochayotganda yigitlardan biri koʻprikning zanjirini ham boʻshatdi.

Bobur va Qosimbeklar ichkaridagi olishuv shovqinini eshitib, choh labiga kelib turgan edilar. Darvoza ochilib, koʻprik tushishi bilan ular ichkariga ot qoʻyib, qilich yalangʻochlab kirdilar. Fozil Tarxonning tirik qolgan navkarlari shahar ichiga qarab qochdilar.

Qosimbek boshliq otliqlar ularni quvib ketdi. Noʻyon Koʻkaldoshga otini keltirib berdilar. Tohir ham, boshqa piyodalar ham yana otlandilar. Bobur navkarlarning bir qismini Noʻyon Koʻkaldosh bilan birga Chorraha darvozasini egallashga yubordi. Oʻzi qolgan navkarlar bilan Soʻzangaron darvozasiga qarab ot choptirib ketdi. Agar darvozalar tezroq egallanmasa, tashqaridan Shayboniyxon butun qoʻshini bilan kirib kelishi mumkin edi.

Feruza darvozasi oldidan boshlangan jang shovqini birpasda butun shaharni qamrab oldi. Shahar dorugʻasi Jonvafo Shayxzoda darvozasi tomonda — Xoʻja Yahyodan tortib olingan hashamatli hovlida uxlab yotgan edi. Toʻpolondan choʻchib uygʻonib, bor navkarlari bilan hovlidan otlanib chiqqunicha, Qosimbekning yigitlari Fozil Tarxonning odamlarini quvib keldi. Chorraha darvozasidan quvilgan Koʻpakbiyning navkarlari ham dorugʻa yotgan joyga qochib kelmoqda edilar. Qorongʻida yov qaysiyu oʻzining odamlari qaysi, dorugʻa ajratolmay qoldi. Uning koʻziga hamma chopib kelayotgan yov boʻlib koʻrindi. Nazarida, Samarqandga bir necha ming kishilik yov bostirib kirganga oʻxshadi.

Dorugʻa «behisob yovga bas kelolmayman», deb oʻylab, otini Shayxzoda darvozasi tomonga burdi. Boburning odamlari hali bu darvozaga yetib kelmagan edilar. Dorugʻa oʻz navkarlariga buyurib, darvozani ochtirdi-yu, yuztacha odami bilan xon qarorgohiga tomon ot choptirib ketdi.

Sahar palla mast uyqudan qoʻrqib uygʻongan koʻpchilik samarqandliklar xon navkarlarini Boburning odamlari quvib yurganini tong yorishganda fahmladilar, Shayboniyxondan norozi kishilar juda koʻp edi. Kosiblar talangan, dehqonlarning ekinlarini koʻchmanchi qoʻshinning behisob mollari toptab tashlagan. Haj yoʻlida ikki begunoh oʻgʻli bilan vahshiylarcha oʻldirilgan Xoʻja Yahyoning tarafdorlari qotillardan qasd olish uchun kosib va dehqonlarni qoʻzgʻatdilar. Hokimiyat oʻzgargandan keyin amalidan ajralgan ilgarigi amaldorlar: «Shayboniyxonning odamlari Sulton Ali mirzoni ham nomardlarcha oʻldirdilar», deb xun talab qilib chiqdilar. Boburning ikki yuzu qirq kishisi yoniga besh-olti ming kishilik qasoskor olomon qoʻshildi. Selday dahshatli olomon xonning odamlarini yashiringan joylaridan topib chiqar, koʻchada qochib borayotganlarning oldini toʻsib qurshab olar, pichoqmi, boltami, tayoqmi, toshmi, gʻishtmi, qoʻllariga nimaiki tushsa, hammasi bilan zolimlarni ura-ura oʻldirib, yanchib tashlardi. Olomon orasida avvalgi mirzalar va beklardan jabr koʻrgan odamlar ham koʻp edi, ular besh-oʻn yil oldingi qasoslarini ham endi mana bu zolimlardan olmoqda edilar.

Kun chiqayotganda shahar tashqarisida bir qism qoʻshini bilan Shayboniyxon paydo boʻldi, ammo suv toʻla chohdan beriga oʻtolmadi. Barcha darvozalar Boburning odamlari tomonidan bekitib olingan, chohlarning koʻpriklari koʻtarilgan, ichkarida intiqom davom etmoqda edi.

5

Tohir kechasi bilan uxlamay yugurib-elib yurgan boʻlsa ham gʻalabaning shodligidan charchaganini sezmas, faqat qorni ochqab, Samarqandning novvoylik va oshpazlik rastalari dam-badam esiga tushar edi. Ertalab hamma darvozalarga qorovullar tayin boʻlgandan keyin Qosimbek Tohirga javob berdi. Tohir otiga minib, yana ikkita otliq oʻrtogʻi bilan novvoylik rastasiga keldi. Bu yerda ham bir necha yuz kishilik izdihom besh-oltita xon navkarlarini oʻrab olib, toshboʻron qilmoqda edi. Navkarlarning ba’zilari yiqilib, tosh-kesaklar ostida jon bergan, bir-ikkitasi qoʻli bilan yuzini toʻsib dod solar, ingrar edi. Yalang boshidan qon oqayotgan, yirtilgan koʻylagi orasidan momataloq badani koʻrinib turgan, oʻzi choʻkka tushib, odamlardan shafqat soʻrayotgan yigirma yoshlardagi yigitga Tohirning rahmi keldi. U olomon orasiga ot solib:
— Xaloyiq Bobur mirzo farmon berdilar! — deb qichqirdi. — Taslim boʻlganlarni asir olmoq kerak! Bular ham musulmon! Xaloyiq, bas qiling! Biz ham navkarmiz! Navkar aybdor boʻlmasligi mumkin! Hamma ayb bularning xonlarida! Xaloyiq toʻxtang! Bobur mirzoning farmonini bajaring!

Odamlar Boburning nomini eshitib otliq yigitning gapiga quloq sola boshladilar. Shunda narigi ikki otliq ham olomon orasiga yorib kirdi. Uchovlashib, toshboʻronni toʻxtatdilar.

Tohir bu yerga nega kelganini ham unutdi. Chala tirik yigitlardan uchtasining qoʻlini orqasiga bogʻlatib, asir qilib olib ketmoqchi boʻldi.

Shunda olomon orasida turgan sargʻish moʻylovli, baland boʻyli bir kishi:
— Toʻxta, yigit, sen... Tohir emasmiding? — deb qoldi.

Tohir yoʻgʻon soʻyil koʻtarib olgan bu odamga tikilib qaradi-yu, bundan uch yil oldin mana shu koʻchada ochlarga non ulashgan paytini esladi.
— Mamat ogʻa! Siz nega soʻyil koʻtarib yuribsiz? Oʻzingiz ham oʻzbek urugʻidan emasmi-siz?
— E, uka, bular oʻzbekka koʻp jamanliq qildi. Mening bechora xotinim shularning dastidan oʻlib ketdi!

Mamatning koʻzlarida yosh yiltiradi. Tohir bu odam bilan Robiya haqida gaplashganini esladi-yu, unutilgan alamlari birdan yangilandi. U asirlarni narigi ikki sherigiga haydatib yuborgach, oʻzi otini yetaklab, Mamatni chetga boshlab chiqdi.
— Mamat ogʻa, men tayinlab ketgan gap esingizdami?
— Qaysi?.. Ha, ha... Aytmoqchi, bechora xotinim tirikligida bir gap eshitib kelgan ekan... Siz aytgan qiz andijonlikmidi?
— Quvalik.
— Bilmadim, ishqilib, oʻsha tomondan obqochib kelishgan ekan. Keyin turkistonlik bir savdogar tarxon sotib olib ketgan ekan.
— Turkistongami?
— Ha, keyin shu tarxon Shayboniyxon bilan birga Samarqandga koʻchib kelipti.
— Qiz bilanmi? Qiz tirikmi, yoʻqmi?
— Tirik!

Tohir Mamatning soʻyil tutgan qoʻllaridan mahkam ushladi-yu, shoshilib soʻradi.
— Oti Robiyami, a, Robiyami?
— Rahmatlik xotinim otini bilmas edi.
— Oʻzini koʻriptimi? Qayerda koʻripti?
— Fozil tarxonning uyida.
— Qaysi Fozil tarxon?
— Bugun kechasi uni oʻzlaring oʻldiribsizlar-ku?
— Uyi qayerda, uyi?
— Juring, men koʻrsatib qoʻyayin!

Tohir bir sakrab otiga mindi-yu, Mamatni orqasiga mingashtirdi. Mamat soʻyilini tashladi, Tohirning qoʻltigʻi tagidan ushlab, uni qingʻir-qiyshiq koʻchalardan boshlab bora boshladi.

Otini yoʻrttirib borayotgan Tohir: «Ilohim noumid qilmagin-da parvardigor! — derdi ichida. — Ilohim Robiya boʻlsin-da!» U olti yildan beri Robiyani qidira-qidira, axiri, endi topilmaydi, degan fikrga kelgan va bu fikrga koʻnika boshlagan edi. Hozir chaqmoqday chaqnagan umid uning vajohatiga momaqaldiroq larzasini solyapti. Bu umidning chaqinday tez soʻnishi mumkinligi yuragini taka-puka qilardi, a’zoyi badanini zir titratardi.
— Ana oʻsha uy! — deb Mamat orqasida katta bogʻi bor ikki qavatlik gʻishtin imoratni koʻrsatdi.

Darvoza lang ochiq, qurolli yigitlar ichkaridan jimjimali sandiqlar va choʻgʻday gilamlar koʻtarib chiqmoqda edilar. Yaqinroq borib, Tohir Qosimbekning navkarlarini tanidi. Ularga katta savdogar boy va Shayboniyxonning yaqin kishisi Fozil tarxonning mol-mulkini musodara qilish topshirilgan edi.

Tohir darvoza oldida otdan tushdi-yu, tanish nav-karlarning hayhaylashlariga e’tibor bermay, toʻgʻri ichkari hovliga yoʻnaldi. Ravonda Fozil tarxonning qonga belangan murdasi yotipti. Yuqorigi qavatdan ayollarning yigʻi-sigʻisi eshitildi. Fozil tarxonning xotinlari erlari uchun aza ochgan, ba’zilari boylik toʻla sandiqlardan ajralayotganlari uchun ham dodlashar, ba’zilari esa yovdan qoʻrqib yigʻlashar edi.

Tohir pastki qavatdagi ochiq eshiklarga bosh tiqib qaradi. Hech kim yoʻq. Faqat ayollarning kiyimlariyu bezaklari turibdi. Bu tarxonning nechta xotini boʻlganikin? Robiya shunga tushgan boʻlsa, uni ham xotin qilib olganmikin? Tohirning xayoliga toʻsatdan kelgan bu fikr qalbini oʻrtab oʻtdi. U ayvondan pastga sakrab tushib, hovlining oʻrtasiga keldi-yu, yuqorida yigʻlayotgan ayollarga qarata qichqirdi:
— Hey, Robiya bormi? Robi-ya! Quvalik Robiya shu yerda bormi?

Xotinlarning yigʻisi birdan tindi. Yuqoridagi qavatning ayvonidan yashil durrali bir juvonning boshi koʻrindi. Uning qosh-koʻzi Robiyanikiga oʻxshardi. Tohir yuqoriga talpinib, qaltirab:
— Robiya! — dedi. — Robiya!

Yashil durrali juvon uni koʻrdi-yu, oʻzini orqaga oldi, soʻng yana ayvon chetiga chopib keldi. Tohir endi uning baxmal nimchasini, boʻynidagi marjonlarini ham koʻrdi. Juvonga yigitning tovushi tanish tuyular, ammo qilich va xanjar taqqan, yuzida katta chandigʻi bor, soqol-moʻylovi oʻsiq bahaybat navkar uning vahmini keltirardi. Juvon aldanishdan qoʻrqib, yana orqaga qochdi. Tohir yuqorigi qavatga qarab chopdi, ammo sarosima boʻlganidan, ayvon chetidagi zinapoyani topolmadi. Negadir oʻpkasi toʻlib koʻziga yosh keldi:
— Robiya, men Tohirmen! Tohir!

Yuqoridan juvonning chinqirigʻi eshitildi:
— Tohir ogʻa!

Soʻng yashil durrali juvon chochpopugini shildiratib, zinapoyadan oʻzi chopib tusha boshladi. Yuz-koʻzi Robiyaniki, ammo marjonlari, kiyimlari, yana nimasidir begona. Tohir uni koʻrib joyida qotib qoldi. Robiya ham zinapoya oldida toʻxtadi, koʻzlarini chaqchaytirib, qoʻrquv aralash shivirladi:
— Siz Tohir ogʻamning arvohisiz!

Robiya Tohirni oʻsha nayza zarbidan oʻlib ketgan deb oʻylar, uning arvohiga bagʻishlab duolar oʻqir edi. «Endi tirik koʻrmaymen, arvohini koʻrsam ham rozi edim», deb xudodan astoydil soʻragan paytlari koʻp boʻlur edi. Uning shu iltimosiga farishtalar omin degan ekanmi?
— Arvohingiz ham jonimdan aziz, Tohir ogʻa!
— Men tirikmen, Robiya! Seni olti yildan beri izlab yuribmen!
— Tiriksiz?! — deb, Robiya Tohirga yaqin keldi. Uning chakmonini, qilichini, qoʻllarini bir-bir ushlab koʻrdi. Tohir uni yelkasidan quchib bagʻriga bosgan edi, Robiya uning arvoh emasligiga endi ishonib, yigʻlab yubordi: — Tirik! Tirik! Xudoga shukr, tirik!

Tohir uning sariq atlas koʻylagi ustidan yelkasini silab:
— Robiyam, jonim! — dedi. — Xayriyat, oʻzing ham tirik ekansen! Men seni olti yil izladim, qayerlarda yurding? Nima boʻldi?

Robiya Fozil tarxonning yettinchi xotini boʻlib oʻtkazgan yillarini esladi-yu, birdan orqaga siltanib, Tohirning qoʻllaridan yulqinib chiqdi:
— Meni quchmang, Tohir ogʻa! Men sizga munosib emasmen!

Robiya alamli koʻzlari bilan ayvonda yotgan oʻlikka qarab qoʻydi. Fozil tarxon uni oʻsha bosqinchilardan bir hamyon oltinga sotib olgan edi. Robiya ellikdan oshgan bu choldan hazar qilar edi. Fozil tarxon Turkistonning Yassi shahrida uni nikohlab olgandan keyin besh-oʻn kun turar-turmas, savdo ishi bilan Buxoroga joʻnadi, u yerdan boshqa bir koʻhlik qizni olib, keyin oʻsha bilan boʻlib ketdi. Robiya olti yildan beri uning haramida bevaday yashaydi. Lekin buni endi Tohirga qanday tushuntiradi? Tohirga fotiha qilingan Robiya keyin birovga xotin boʻlgan, buning dogʻini qanday yuvish mumkin?

Robiya yuzini qoʻllari bilan toʻsib yum-yum yigʻlay boshladi. Uning boʻynidagi marjonlari, sochiga taqilgan chiroyli kumush chochpopuklari, egnidagi atlas koʻylagi— hammasi oʻsha boy savdogarning puliga kelgan. Tohir shuni oʻyladi-yu, uning nazarida, Robiya oʻlgan eriga kuyunib yigʻlayotganday koʻrindi.
— Robiya, rostini ayt, sen eringga... sodiqmisen?!
— Meni pulga sotdilar! Zoʻrlab nikohladilar!
— Boʻlmasa nechun muncha kuyunib yigʻlaysen!
— Men sizga vafo qilolmaganimga kuyunamen! Sizni unutganim yoʻq edi, Tohirjon ogʻa! Mana, tepamizda xudo turipti! Bu savdogar sizning tirnogʻingizga ham arzimas edi! Lekin meni unga qul qilib berdilar.

Tohir tishini-tishiga bosib soʻradi:
— Bolang bormi?

Robiya yigʻi aralash bosh chayqadi:
— Men nomiga xotin edim... Aslida beva...

Bir vaqtlar gulday qiz boʻlgan Robiyaning oʻzini «xotin», «beva», deb atashi Tohirning borligʻini qaqshatib yubordi. Robiyaday qizga olti yildan beri «it tegmay» yurishi mumkin emasligini u ilgari ham xayolida koʻp oʻtkazardi. «Faqat tirik topsam bas!» deb qidirardi. Biroq Robiyani topgani bilan yoshlikdagi begʻubor, sodda baxti endi abadiy topilmasligini u ilgari bilmas edi. Badandagi ogʻir jarohat tuzalganda ham chandigʻi umrbod qolganiday, boshlariga tushgan savdoning dahshatli izi koʻngillaridan osonlikcha ketmasligini Tohir endi sezmoqda edi. Robiya ham abadiy yoʻqolgan begʻubor yoshligiga kuyunib yigʻlamoqda edi.
— Robiya, bas! Omon qolganimizga shukr qil, qani, yur!

Tohir Robiyaning bilagidan olib tashqariga boshladi. Qiz yigʻidan toʻxtab:
— Qayoqqa? — dedi.
— Sen hali ham mening qalligʻimsen. Yur, tezroq!
— Axir men... men narsalarimni olay!
— Hech narsa olmaysen. Hammasini unut. Ikkinchi yodimga solma!

Tashqi hovliga chiqqanlarida Robiya yuk tashiyotgan navkarlarni koʻrdi-yu:
— Koʻchada... uyalamen! — dedi. — Yopinchigʻim yoʻq.

Tohir chakmonini yechib berdi. Robiya tovoniga tushadigan uzun simobi chakmonni boshiga yopindi-yu, Tohirning otiga mingashib chiqib ketdi.

Keyin Tohir Qosimbekka arz qilib, Faqih Abullays mahallasidan Shayboniyxonning odamlari tashlab ketgan durustgina bir hovlini oldi. Robiyaning iddasi oʻtgach, mahalla imomi uni Tohirga nikohlab berdi.

6

Kechasi yoqqan qalin qor har bir tomni, devorni, har bir daraxt va gumbazni mayin oq hoshiya bilan bezab chiqqan.

Bobur Boʻstonsaroyning yuqorigi qavatidan shaharga qarab turibdi. Toza qor orasidan jimjima boʻlib koʻrinayotgan daraxt shoxlari hozir uning nazarida xuddi oq qogʻozga bitilgan nasta’liq[12] xatiga oʻxshab ketadi. Bugun Hirotdan, Alisher Navoiydan kelgan xat ham nasta’liq bilan yozilgani esiga tushdi-yu, qalbidagi quvonch va faxr tuygʻusi yangi bir kuch bilan mavjlana boshladi.

Bobur Samarqandni Shayboniyxondan tortib olgandan beri uning jasoratiga tan berib she’r yozganlar, satrlardan abjad hisobi bilan gʻalabaning aniq sanasini chiqargan tarixnavislar koʻp edi. Alisher Navoiydan Boburga kelgan tabrik esa hammasining gultoji boʻldi. Hirot Samarqanddan qanchalik uzoq, Navoiyning diqqat-e’tiborini band qiladigan mashhur odamlaru muhim ishlar qanchalik koʻp! Shunga qaramay, Navoiy Boburni ham bilar ekan, uning taqdiriga uzoqdan qiziqib qarar ekan, Samarqandni avval bir marta olganidan xabardor ekan. «Bu daf’a Samarqandni oʻz nomingizga munosib hamla bilan olmishsiz», debdi. Boburning oʻtgan daf’a Samarqandni yetti oy qamal qilganda, shahar xalqi ochlikdan nechogʻliq azob tortganini Navoiy ham eshitgan boʻlsa kerak. Bunday qamallarni u Boburga munosib koʻrmagani uchun shunday deb yozganmikin?

Bobur qimmatbaho javonlariga kitoblar terib qoʻyilgan xonai xosning toʻriga oʻtdi. Xushboʻy sandal daraxtidan ishlangan miz ustida Navoiydan kelgan oltin bogʻichli xat turipti. Bobur miz oldiga toʻshalgan zarbof koʻrpachaga oʻltirib, xatni boshqatdan oʻqishga tushdi.

Har bir satr turkiy tilning goʻzal jilvalari bilan toʻlgan. Bobur birinchi oʻqishda uncha e’tibor bermay oʻtkazib yuborgan bir necha jumlaga bu gal qayta-qayta tikildi. Navoiy Boburning shoirlik orzusi borligini andijonlik bir me’mordan eshitib, uni dadilroq yozishga undagan edi. Bu me’mor mavlono Fazliddin boʻlsa kerak. Agar mavlono Hirotga yetib borib, Navoiyning huzuriga kirgan boʻlsa, boshqa koʻp narsalarni ham aytib bergan boʻlishi kerak. Bobur Navoiyga yoʻllamoqchi boʻlgan javob maktubiga yaxshi bir she’rini ham qoʻshib yubormoqchi boʻldi-yu, mashqlari yozilgan qalin daftarni olib varaqlay boshladi.

Koʻpchiligi yoʻlda, ot ustida xayoliga kelgan, jangu jadallar orasida daftarga uzuq-yuluq yozib qoʻyilgan, ammo hali tugallanmagan she’rlar. Xiyonat ustiga xiyo-nat boʻlgan, Bobur xonumonidan ayrilgan, atrofida bironta sirdosh doʻst topolmay oʻzini nihoyatda yolgʻiz sezgan ogʻir kunlarda bir gʻazal boshlagan edi: «Jonimdan oʻzga yori vafodor topmadim,
Koʻnglimdan oʻzga mahrami asror topmadim».
Ammo bu gʻazal chala yotipti. Balki shuni bitirib yuborish kerakdir? Alisher Navoiy ham atrofidagi kishilardan koʻp bevafolik koʻrganini, hatto yaqin doʻsti Husayn Boyqaro ham uning siru asroriga mahram boʻlolmayotganini Bobur ishonchli bir odamdan eshitgan edi. Qani endi Bobur Navoiyning koʻnglidagini ham topib aytolsa!

Bu gʻazal Navoiyga yoqishi mumkin. Uni tezroq tugallash kerak. Bobur qogʻoz-qalam oldi.

Shu payt savdarboshi eshikdan hovliqib kirib, ta’zim qildi:
— Mirzo hazratlari, qoʻlingizni ma’zur tuting.
— Xoʻsh? — dedi Bobur norozi boʻlib.
— Xonim hazratlari qabulingizga muntazirlar.
— Onammilar? — deb Bobur sakrab oʻrnidan turdi.— Keldilarmi?
— Begimlar ham keldilar!
— Voajab! — deb Bobur quvonib eshikka tomon shoshildi.

* * *

Ular salkam olti oydan beri koʻrishmagan edilar. Qutlugʻ Nigor xonim Oyisha begim va Xonzoda begimlar bilan Oʻratepada qolgan edilar. Keyin Samarqand-dan Bobur yuborgan ishonchli odamlar ularni Oʻratepadan bu yerga koʻchirtirib keldilar.

Bobur ular bilan Boʻstonsaroyning birinchi qavatidagi katta tanobiy uyda koʻrishdi. Onasi uni bagʻriga bosganda, Bobur onasining ozib, qoʻllari yengillashib qolganini sezdi. Opasi Xonzoda begim esa sovuqdan kirgani uchunmi, yuzlari choʻgʻday yonib, koʻzlari chaqnab turipti. Uzoq yoʻl uni hech qancha qiynamagandek quvnoq. Avvalgidan ham chiroyli. Bobur unga oʻng yelkasini tutib soʻrashar ekan:
— Nechun bu qadar hayal qildilaring? — dedi. — Necha haftadan buyon muntazirmiz!
— E, soʻramang, amirzodam, uzrli sabablarimiz bor,— deb Xonzoda begim Oyisha begimga koʻz tashlab qoʻydi.

Bir vaqtlar Oyisha begimni koʻrmasdan sevib yurgan paytlarida uning oyogʻiga bosh qoʻygisi kelib gʻazal yozganlari endi Boburga ta’biri xato chiqqan bir tushday tuyulardi... U Oyisha begimni oylar davomida koʻrmasa ham sogʻinmasdi... shunday boʻlsa ham u Oyisha begimga iloji boricha yaxshi muomala qilar edi. Hozir ham kichik jussali qotma kelinchakka yaqinlashib:
— Xush koʻrdik, begim! — dedi-da, unga oʻng yelkasini tutdi.

Oyisha begim ozgʻin qoʻlini uning yelkasiga qoʻyib koʻrishar ekan:
— Hazratim, gʻalabangiz muborak! — dedi.

Hamma Boburni «amirzodam», desa Oyisha begim uni yana ham ulugʻlab «hazratim», derdi.
— Sizga ona shahringiz muborak, begim!
— Qulluq, — deb Oyisha begim ta’zimga bosh egdi.
— Kelinimiz yoʻlda koʻp azob tortdilar, — dedi Xonzoda begim.

Bobur xotinining beli yoʻgʻonlashib, qorni doʻppayib qolganini koʻrdi. Ajabo, Bobur ota boʻladiganmi? Koʻrishmaganlariga olti oy boʻldi. Demak, kamida olti oylik...

Oyisha begimning ozgʻin yuzida homilador xotinlarda boʻladigan dogʻlar paydo boʻlgan edi. Ilgari ham otda yurolmaydigan, mahofada boshi aylanadigan begim endi ogʻrioyoqligida qanchalik qiynalganini, unga qarab qanchalik sekin yoʻl bosganlarini Bobur oʻzicha tasavvur etdi.
— Xudo xohlasa, endi barcha mashaqqatlardan xalos boʻldilaringiz, — dedi. — Hammalaringiz uchun maxsus joylaru jihozlar tayyorlanmishdir. Yana neki darkor boʻlsa buyurursiz. Boʻstonsaroyda kimki bor, hammamiz xizmatlaringizda boʻlurmiz!

Xonzoda begim quvnoq kulib:
— Minnatdormiz! — dedi. — Amirzodam bilan diydor koʻrishib, boshimiz osmonga yetdi. Endi shu osmonda suhbatingizdan bahramand qilsangiz bas.
— Kamina ham suhbatlaringizni sogʻinganmen. Sizlar joylashgunlaringizcha osmonda dasturxon hozirlanur, — deb, Bobur qoʻli bilan yuqorigi qavatga ishora qildi.

Uning osmonni payrov qilib hazillashganidan hammalari kulib oldilar.

Bobur yuqorigi qavatga chiqar ekan, qalbini toʻldirgan shodliklar orasida surnay navosidek jarangli va yoqimli bir tuygʻu yangrab eshitilayotganini sezdi. Bu uning dilida birdan uygʻonib ketgan otalik tuygʻusi edi. Uning boʻlajak farzandini bagʻrida koʻtarib yurgan Oyisha begim yuzidagi qoʻngʻir dogʻlari bilan Boburga avvalgidan qadirdonroq tuyulardi.

Buni sezgan Oyisha begim avvalgidan dadilroq muomala qilar edi. Er-xotin xobgohda chiroqni oʻchirib yotganlarida begim koʻrpani yuziga tortib:
— Men faxrlanamen, — deb shivirladi.

Bobur oʻz soʻzining ustidan chiqqanligi uchun, «endi Samarqandda uchrashamiz», deb ketib, axiri shu aytganini qilgani uchun xotini undan iftixor qilmoqda edi.

U Boburning boʻlajak farzandiga ona boʻlish bilan faxrlanishini ham aytmoqchi edi. Bobur buni tushundi-yu, homilaning necha oylik boʻlganini bilgisi keldi, ammo roʻyirost soʻrashga tili bormay gapni aylantirdi:
— Endi... shodiyonasi qachon?
— Salkam uch oy bor. Oʻylasam, vahmim kelur.
— Vahmni qoʻya turing. Hozir faxrdan gap ochdingiz-ku.
— Ha, agar xudo oʻgʻil bersa, ismini Faxriddin qoʻyurmizmi?

Oyisha begim Boburning nomi Zahiriddin ekanini oʻylab, shunga ohangdosh nom topgan edi. Bobur mamnun tovush bilan:
— Xoʻp, oʻgʻil boʻlsa, Faxriddin, — dedi. — Agar qiz boʻlsa, Faxrinisomi?

Oyisha begim qiz boʻlishini istamas edi, chunki oʻgʻil tugʻib, taxt vorisiga ona boʻlishni orzu qilardi. Shunday boʻlsa ham Boburga:
— Mayli, — dedi. — Lekin men xudodan oʻgʻil tilaganmen.
— Aytganingiz kelsin!

Faxriddin... Faxriniso... Shu kunlarda Boburning koʻnglini toʻldirib-toshirgan iftixor tuygʻusiga bu nomlar juda mos edi.

* * *

Omad ham bir kelsa, qoʻsha-qoʻsha boʻlib kelishini Bobur endi bilmoqda edi. Samarqand uning qoʻliga oʻtgandan keyin bu yogʻi Urgut, u yogʻi Sugʻd va Dabusiya qal’asi birin-ketin Shayboniyxonning ixtiyoridan chiqib, Boburning hokimiyatini tan oldi. Mana bugun Qarshi va Gʻuzordan xushxabar keldi — bu shaharlar Shayboniyxon qoʻygan dorugʻalarni quvibdi. Boburga sovgʻa-salomlar yuborib, uning ixtiyoriga bir necha yuz navkar ham yoʻllabdi. Bobur bu navkarlarni boshlab kelgan beklarni devoni xosda qabul qilib, hammasiga sarpo kiydirdi va ulufa tayinladi.

Soʻng kecha tamomlanmay qolgan maktubining davomini yozish uchun ikkinchi qavatga koʻtarilar ekan, keng marmar zinapoyada opasi Xonzoda begimga duch keldi.
— Amirzodam, Hirotdan kitobat kelgani rostmi?

Bobur toʻxtab, opasining yuziga sinovchan koʻz bilan qaradi-yu:
— Rost, hazrat Alisherbekdan, — dedi.
— Muborak boʻlsin!
— Qulluq.

Xonzoda begim inisidan yana qandaydir murakkab bir xabar kutib, uning yuziga termilib qaradi. Bobur opasining koʻnglidagi dardni sezib bir lahza taraddudlandi. Soʻng rost gapni yashirsa yolgʻon gapirganday boʻlishini oʻyladi-yu:
— Yuring: kitobatni koʻrsatay, — dedi.

Xonzoda begim xonai xosda Boburning qarshisida oʻtirib, Alisher Navoiyning maktubini oʻqir ekan, andijonlik me’mor tilga olingan joyiga yetganda koʻzida yosh yiltiradi.
— Nechun koʻzingiz yoshlandi, begim? Men sizni suyuntirmoqchi edim-ku!
— Qandoq qilay, toleim past ekan.
— Iningiz podshoh boʻla turib, nahotki sizga yordam berolmasa?
— Siz hali ham meni deb koʻp jafo chekdingiz. Agar oʻsha yili... Oʻshda men rozi boʻlsam, ehtimol keyin Ahmad Tanbal sizga buncha yogʻiylik qilmas edi.

Opasining bunchalik tantilik bilan aytgan soʻzlari goʻyo Boburni yana tanti boʻlishga undar edi. Koʻngli yaxshi tuygʻularga toʻlib yurgan shu kunlarda nahotki tugʻishgan egachisiga katta bir yaxshilik qilolmasa?

Mana, hozir ular Samarqandning muhtasham bir koshonasiga koʻchib kelishdi. Bu yerda qancha asilzodayu shahzodalar yashagan. Ammo koʻpchiligi iz qoldirmay ketgan. Faqat me’morlar yaratgan goʻzalliklar hali ham koʻrgan koʻzni quvontirib, yal-yal yonib turibdi. Yaxshi bir me’mor — hunarsiz asilzodaning yuztasidan afzal emasmi?
— Begim, siz Tanbalning yogʻiyligi uchun xijolat chekmang. Ilon baribir ilonligini qilur edi.
— Minnatdormen, amirzodam.
— Hazrati Alisherbek ham bizdan ulugʻ ishlar kutib kitobat yubormishlar. Nasib qilsa, biz ham umrboqiy obidalar qururmiz, hunarpeshalar yana yigʻilib kelurlar. Men bu muborak kitobatning javobini maxsus elchidan berib yuborurmen. Agar Hirotga borgan oʻsha andijonlik me’mor — mavlono Fazliddin boʻlsalar, elchi topib, Samarqandga taklif qilur.

Xonzoda begimning hali yoshi qurimagan koʻzlarida endi shodlik uchqunladi. U inisiga zavq bilan tikilib shivirladi:
— Siz Movarounnahr osmonida bizning yagona umid yulduzimizsiz!
— Endi parvardigor Shayboniyxonni tezroq daf qilsinu yurt tinchisin, deng. Oʻshanda nafasni rostlab, Oʻshda qilgan orzularimizning ijrosiga kirishurmiz.

Mavlono Fazliddin Andijonda qurmoqchi boʻlgan me’morlik obidalarining tarhlarini, loyihalarini Xonzoda begim onasidan olib, hamon asrab yurar edi. Hozir buni Boburga aytishdan iymandi-yu:
— Amirzodam, men endi kechayu kunduz xudoga iltijo qilurmen — dedi, — ilohim shu orzularimiz roʻyobga chiqsin!

Xonzoda begim ruhi koʻtarilib chiqib ketganidan keyin Bobur sandiqchadan she’r daftarini oldi-yu, kechagi mashqini davom ettirmoqchi boʻldi. Daftardagi bir matla’ uning hozirgi ruhiga mosroq edi: «Har kimki vafo qilsa vafo topqusidir,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidir...»
Alisher Navoiyga shu she’rni bitirib yuborsa yaxshiroq boʻlarmidi? U yana bir satr yozdi, oʻziga yoqmagandan keyin oʻchirib, yana yozdi, yana oʻchirdi, nihoyat uchinchi urinishda:

«Yaxshi kishi koʻrmagay yomonliq hargiz»

degan satrni topdi-yu, uni ich-ichidan yoqtirib, ilhom hayajonidan nafasida titroq paydo boʻldi. Nazarida, Navoiy uning yelkasi osha bu yangi satrni oʻqiyotgandek edi. U odamlarga Navoiydek koʻp yaxshilik qilgan siymoning hech qachon yomonlik koʻrmasligini istar, endi shu istagini she’riga ham singdirmoqchi boʻlardi.

Bobur toʻrtinchi satrni boshlaganda savdarboshi eshikdan bosh egib, qoʻrqa-pisa:
— Mirzo hazratlari, — dedi.
— Meni tinch qoʻying demabmidim?
— Qulingizni afv eting...
— Yana ne tashvish?
— Amirzodam buyurgan edilar. Agar mulla Binoiyni keltirsalar, darhol xabar bering, degan edingiz.
— Shoir Binoiy Shahrisabzdan kelibdirmi?
— Qosimbek janoblari keltirmishlar.

Bobur bu xabarni eshitdi-yu, yozishdan toʻxtab, qalamni miz chetiga qoʻydi. Pastdagi qabulxonaga tushib borayotganda Binoiyning taqdiriga oid murakkab voqealar xayolidan takror oʻta boshladi.

* * *

Bobur hirotlik mashhur shoir Kamoliddin Binoiy bilan bundan uch yil oldin Samarqandga birinchi gal kelgan paytlarida tanishgan edi. Binoiyning san’atkor xattotlar tomonidan koʻchirilgan nodir bir qoʻlyozma kitobi bor ekan. Kitob yigʻishga havasmand Bobur bu kitobga juda havasi keldi. Binoiy kitobini unga sovgʻa qilmoqchi boʻldi. Bobur Binoiyning Samarqandda musofir ekanini, tanqislik tortib qiynalganini bilar edi. Shuning uchun Bobur sahhoflarni chaqirib, bu kitobning eng baland narxi qancha boʻlishini soʻradi. Sahhoflar «eng baland bahosi besh ming dirham», deyishdi. Bobur bu pulni Binoiyga yuborishga ulgurmay, qattiq betob boʻlib yotib qolgan edi.

Keyin u kasallikdan turib, Andijonga joʻnash uchun yoʻl hozirligini koʻrayotganda «Majmuati Rashidi» deb ataladigan oʻsha kitobni koʻrdi-yu, Binoiyga hali haqini bermagani esiga tushdi. Darhol xazinachini chaqirib, besh ming dirham oltinni sanatdi, soʻng pulni kitobdorga berib, Binoiyga yubortirdi.

Bir vaqt kitobdor Binoiyni topolmay qaytib keldi. Musofir shoirning Samarqandda muqim turadigan uyi yoʻq, u bugun qayoqqadir mehmonga ketgan edi. Boburning odamlari Andijonga tezroq joʻnash va kuch yigʻish tashvishi bilan nihoyatda band boʻlganliklari uchun hozir Binoiyni qidirib yurish ularga juda malol keldi. Lekin Bobur:
— Shu qiyomatlik qarzni uzmaguncha Samarqanddan qoʻzgʻalmaymen! — deb turib oldi.

Shundan keyin savdaru navkarlar shaharning har tarafiga ot choptirishib, nihoyat Binoiyni topdilar, unga boʻlgan voqeani aytib, besh ming dinor pulini topshirdilar.

Kishi moliga suq podshohlarni koʻp koʻrgan Binoiy oʻn olti yoshli Bobur mirzoning bunchalik halolligidan juda qattiq ta’sirlandi-yu, unga atab bir she’r yozdi. Bu she’rdan bir nusxasini xattotga koʻchirtirib, Bobur joʻnayotganda unga esdalik qilib berib yubordi.

Qirq toʻrt yoʻllik bu she’rda u Boburni koʻp maqtagan:

«Shoh sultoni Zahiriddin Bobur,

Ki jahon shud zi siti adlash pur!» —

deb, goʻyo jahon Boburning adolat bobidagi shuhratidan nurga toʻlganini aytgan edi. Bobur, «Jahon, qayda-yu, mening shuhratim qayda!» deb, bu satrlardagi mubolagʻadan kulgan boʻlsa ham, lekin zamonadan koʻp jabr koʻrgan Binoiy uchun shu kichik yaxshilik tufayli, ehtimol, butun jahon adolatga toʻlib koʻringandir, deb oʻyladi.

Biroq keyinchalik Samarqandga Shayboniyxon xon boʻldi va shahar shoirlarini yigʻib bir mushoira oʻtkazdi. Bu majlisida Binoiy ham qatnashib, she’r oʻqidi. Xon uning she’rini yoqtiradi-yu, Binoiyni oʻziga mulozim qilib oladi va erishgan gʻalabalarining tarixini yozishni topshiradi. Binoiy «Shayboniynoma» degan asarini endi yoza boshlagan paytda Samarqand yana qaytadan Boburning qoʻliga oʻtadi. Shayboniyxon atrof tumanlar-dan ham quvilib, Buxoroga qarab chekingan kunlarda Binoiy uning qarorgohidan qochib, Samarqandga keladi. U Bobur bilan uchrashmoqchi boʻladi, lekin Qosimbek uni Shayboniyxon tarafdori deb, Boburning huzuriga kiritmay, Shahrisabzga joʻnatib yuboradi. Bobur bu hodisadan yaqinda xabar topib, Qosimbekka:
— Chakki qilibsiz, — dedi. Mulla Binoiy — katta shoir. Oʻzi kelgan boʻlsa ruxsat bermoq kerak edi.

Qosimbek vaj koʻrsatdi:
— Katta shoiringiz Shayboniyxonni maqtab she’r yozgan.

Bobur kuldi:
— Bizni maqtab she’r yozganini bilmasmisiz? Tojdorlar maqtovni suysalar, shoir ne qilsin!

Qosimbek jiddiy turib e’tiroz qilmoqda edi:
— Amirzodam, bu odam Shayboniyxonning xufiyasi boʻlishi mumkin.

Bobur oʻylab turib:
— Yoʻq, — dedi. — Hirotda Boyqaroday shohga xufiya boʻlmagan kishi Shayboniyxonga xufiya boʻlmas.
— Ammo bu shoir Xoʻja Yahyoning hovlisida turib, uning tuzini ichgan, keyin Xoʻja Yahyoni noinsoflarcha oʻldirtirgan Shayboniyxonga mulozim boʻlgan. Shu yaxshimi?
— Bu yaxshi boʻlmasa, yaxshilik qanday boʻlishini biz koʻrsatmogʻimiz kerak. Odam yuboring, mulla Binoiyni Samarqandga beshikast olib kelsinlar.

Soʻnggi soʻz farmoyish tarzida aytilgani uchun Qosimbek uni bajarishga majbur boʻlgan edi.

...Bobur pastga tushib, devoniomga toʻrdagi eshikdan kirdi. Koʻp oʻtmay poygakdagi eshikdan Qosimbek Binoiyni boshlab kirdi.

Binoiyni Bobur bundan ikki-uch yil oldin ham bir koʻrgan edi. Oʻshanda u juda salobatli edi. Hozir esa juda ozib, gavdasi allanechuk kichrayib qolgan. Toʻni ham, sallasi ham eskirib ketgan. Faqat yirik-yirik koʻzlari avvalgiday magʻrur chaqnab turibdi. Bobur unga peshvoz chiqib uy oʻrtasida qoʻl berib koʻrishdi. Oʻng yoniga Qosimbekni, chap yoniga Binoiyni oʻtqazib hol-ahvol soʻradi. Shunda Binoiy yodaki bir ruboiy aytib, yegulik gʻallasi yoʻqligini, kiyay desa gʻallaning qopi ham topilmasligini aytdi:

Ne gʻalla marokaz tavonam noʻshid,

Ne muhmali gʻalla to tavonam poʻshid

degan satrlardagi nozik soʻz oʻyinini sezib, Bobur beixtiyor jilmaydi. «Muhmal» aslida noaniq degan ma’noni bildirardi. Bu soʻz bilan mulla Binoiy oʻz ahvolining noaniqligiga ishora qilmoqchi edi. Ayni vaqtda, «muhmali gʻalla» — ya’ni qop kiyadigan darajaga yetganini ham aytib, oʻz ahvoliga kinoya qilmoqda edi. «Xon huzurida topgan martabamiz shu boʻldi!» demoqchi edi.

Bobur buning hammasini tushungan ma’noda bosh irgʻadi-yu, panjasini peshonasiga tirab, bir lahza jim qoldi. Uning avzoyidan she’rga she’r bilan javob bermoqchi ekanligini sezgan Qosimbek Binoiyga «Shoshmay turing!» deganday ishora qildi. Nihoyat, Bobur qoʻlini peshonasidan oldi-yu, Binoiyga kulimsirab qaradi:

In’omu vazifa bori buyrulgʻusidir,

Muhmalga boʻyu gʻallaga uy toʻlgʻusidir.

Boburda bunchalik she’riy iste’dod bor deb oʻylamagan Binoiy bir lahza hayratlanib turdi-yu, soʻng tojikcha talaffuz bilan:
— Yana bir takrorlang, amirzodam, faqir radifini uqib olmoqchiman! — dedi.

Bobur she’rni ikkinchi aytishda ba’zi joylarini silliqlab, «gʻallaga uy» jumlasini «gʻalladin uy toʻlgʻusidir», deb toʻgʻriladi. «Boʻy» va «uy» degan ichki qofiyalar oʻziga ham yoqimli tuyulib, zavqini keltirdi.
— Ta’bi nazmingizga tan berdim, amirzodam! — dedi Binoiy. Soʻng u oq oralagan qalin soqolining uchlarini tutamlab birpas javob qidirdi. Topdi shekilli, boshini tez koʻtarib, qaddini tikladi:

Bir muhmal uchun muncha inoyat boʻldi,

Musta’mal agar desam nelar boʻlgʻusidir!

Binoiyning turkiy she’rga ham bunchalik ustaligi endi Boburni hayratga soldi. Bu yerda «muhmal» soʻzi uchinchi bir ma’noda ishlatilgani — Binoiy avvalgi ruboiysiga kamtarona baho berib, uni «muhmal», ya’ni «xom» deb atagani ham ajoyib edi. «Muhmal»ga «musta’mal», ya’ni «pishiq», «mukammal» soʻzining ichki qofiya qilingani ham Boburga juda yoqdi, u munshiyni chaqirib, mulla Binoiy aytgan ruboiylarni yozib olishni buyurdi.

Ikki orada boʻlib oʻtgan mushoiradan Qosimbek ham xiyla ta’sirlangan edi. U oʻsha kuniyoq Binoiyni yaxshi bir hovliga joylashtirdi, Boburning buyrugʻi bilan aravada un, guruch, bir qoʻy, issiq barra poʻstin berib yubordi. Binoiy podshoh mulozimlari qatorida ulufa ola boshladi.

Oradan ikki kun oʻtgach, yangi zira beqasam toʻn ustidan barra poʻstin kiygan Binoiy yana Boʻstonsaroyga keldi. Bobur bu gal uni ikkinchi qavatdagi mehmonxonada qabul qildi. Ular dasturxon atrofida yakkama-yakka suhbatlashdilar. Binoiy Boburning Shayboniyxon haqida savol berishini kutib, xon saroyida koʻrganlarini kinoya bilan gapirib berishga tayyorlanib kelgan edi.

Lekin Bobur Binoiyni oʻngʻaysizlantirmaslik uchun oʻtgan gal ham, bugungi suhbatda ham, Shayboniyxonni ataylab tilga olmadi. Soʻnggi kunlarda Navoiydan kelgan xatning ta’sirida yurgan Bobur Hirotdan gap ochdi. U Navoiy bilan Binoiyning oʻzaro munosabatlari haqida ba’zi bir gaplar eshitgan, endi buning tafsilotlarini bilgisi kelar edi.

Shayboniyxon tilga olinmaganidan yengil tortgan Binoiy kulib gap boshladi:
— Alisherbekning quloqlari ogʻriganda koʻk qiyiq bogʻlagan ekanlar. Buni bazzoz eshitib, koʻk roʻmolga «Nozi Alisheriy» deb nom qoʻyib sotadigan boʻldilar. Alisherbek — ulugʻ siymo, nomlariga yarashadigan ulugʻ ixtirolar qilganlar. Bachkana kishilar arzimagan narsalarga ham «Alisheriy» deb nom qoʻyib, pul ishlashlari faqirning gʻashiga tegdi. Eshagimga gʻaroyib bir egar yasatdimu bunga ham «Alisheriy» deb ot qoʻydim. Keyin shu egar ham mashhur boʻldi! Men bu bilan savdogarlarning bachkana gaplariga kinoya qilgan edim. Ammo igʻvogarlar buni «Alisherbekka behurmatlik» deb ovoza qildilar, ikki oraga gʻubor soldilar.

Mulla Binoiy hazilomuz boshlagan gapini hasratli tovush bilan tugatdi:
— Amirzodam, mening Alisher Navoiyga ehtiromim cheksiz! Faqir u zotning suhbatlaridan bahramand boʻlgan paytlarimni eslasam, yuragim ezilur.
— Yomon odamlar solgan gʻuborni oradan olib tashlash mumkin emasmikin?
— Men hozir shu gʻuborni tarqatish harakatidamen. Musofirotda yurib, Alisher Navoiyga atab bir qasida yozdim. Joiz boʻlsa, ba’zi joylarini amirzodamga oʻqib beray.
— Marhamat!

Mulla Binoiy oʻzi yozgan she’riy asarlarning hammasini yoddan bilar edi. Hozir ham bir burchakka tikilib, «Majma’ul gʻaroyib» degan qasidasini yodaki ayta boshladi. Mulla Binoiy Navoiydan uzoqda uning suhbatini sogʻinib:

Be tu chun obi Dargʻamam dar gʻam,

Be tu chun rudi Koʻhakam giryon[13], —

deganda Bobur zavqdan bosh irgʻab:
— Oʻh! — deb qoʻydi.

Qasida oʻqib tugatilganda Bobur ta’sirlanganidan qasrda oʻtirganini ham unutgan edi. U atrofiga qarab, goʻyo mehmonxonaga uzoqlardan qaytib kelganday boʻldi.
— Mavlono, bu qasidani Alisherbekka nega yubormaysiz?
— Hirotga boradigan tayinlik odam yoʻq, amirzodam.
— Biz yaqinda Hirotga elchi yubormoqchimiz. Kaminaga Alisherbekdan kitobat kelgan edi. Javobini yozib yubormoqchimen.
— Amirzodam, qani edi, qulingizning bu qasidasini ham...
— Marhamat, xattotga berib koʻchirtirmoq zarur boʻlsa, men buyururmen. Soʻng elchidan berib yuborurmiz.

Gap shunga qaror topdi-yu, mulla Binoiy xursand boʻlib chiqib ketdi.

Bobur yana xonai xosga kirib, chala qolgan she’rini qoʻliga oldi. Biroq endi katta shoir bilan boʻlgan uzoq suhbatdan soʻng, avvalgi she’rlari Navoiyga yuborishga munosib emasdek tuyuldi. Unga ilgari joʻn tuyuladigan narsalar ham aslida juda murakkab ekani hozir juda aniq sezilayotganday boʻlardi. Hamma narsani muhit, ahli jahon murakkablashtiradi. Hirotda yashayotgan Alisher Navoiy ham, hozir Boburga koʻp narsalarni kuyunib aytib bergan Binoiy ham muhitdan, zamona ahlidan norozi boʻlganlaricha bor edi. Boburning oʻzi bu zamonadan ozmuncha jabr koʻrdimi?

Kim koʻribdir, ey koʻngil, ahli jahondin yaxshilik!

Bu haroratli satr qogʻozga tez va ravon tushdi. Bobur oʻz zehnining goʻyo qayralib, oʻtkirlashib qolganini sezib turardi. U hozir xayol koʻzi bilan Hirotdagi Alisher Navoiyni aniq koʻrayotganga oʻxshardi. Bobur muhitdan, zamonadan, faqat oʻz manfaatini koʻzlaydigan jahon ahlidan yaxshilik kutgan odam aldanishi muqarrarligini Navoiyga aytib dardlashgisi kelardi:

Kimki andin yaxshi yoʻq, koʻz tutma andin yaxshilik.

Ya’ni, oʻz muhitidan baland turolmaydigan odam birovga yaxshilik qilolmaydi. Alisher Navoiyning odamlarga shuncha koʻp yaxshilik qilayotgani — Boburga uning jahon ahlidan beqiyos darajada yuksak ekanini yaqqol koʻrsatayotganday boʻlardi. U oʻz koʻnglini ham mana shu yuksaklikka undab yana bir bayt yozdi.

Bori elga yaxshilik qilgʻilki, mundin yaxshi yoʻq,

Kim degaylar dahr aro qoldi falondan yaxshilik.

Shu kuni kechasi Bobur Navoiyga atalgan maktubini ham, she’rini ham yozib tugatdi. Oradan ikki kun oʻtgach, bu maktub maxsus elchi bilan Samarqanddan Hirotga joʻnatildi. Bobur Navoiydan qish chiqquncha javob olish umidida edi. Biroq qish chiqib, endi boyche-chak ochilgan kunlarda Hirotdan musibatli xabar keldi: qish chillasi paytida hali Bobur yuborgan elchi yoʻlda ekanida Alisher Navoiy vafot etgan edi. Bobur oʻziga ulugʻ bir murabbiy topdim, deb suyunib yurganda, oʻgay taqdir uni bu madadkoridan ham judo qilgan edi.

7

Tepalikka uchib chiqayotgan chopqir otning tuyogʻi yerdan bosh koʻtarib, bugun-erta ochilay deb turgan lola gʻunchasini ezib-yanchib oʻtdi. Bu ot ustida oʻtirgan Shayboniyxonning koʻzlari esa pastdagi keng tekislikda chugʻurchuqday yopirilib poyga oʻtkazayotgan otliqlarda edi.

Tiniq bahor osmonining bir chetida Samarqand bilan Buxoro oraligʻining eng mashhur qoʻrgʻoni boʻlgan Dabusiya[14] qal’asi savlat toʻkib turibdi. Kech kuzda bu qal’a ham Shayboniyxonning qoʻlidan chiqib, Boburga oʻtib ketganda, qoʻshini Buxoroga chekinib, ogʻir ahvolga tushib qolgan edi. Ruhi tushgan ba’zi sarkardalar: «Esimiz borida etak yopib, Turkistonga qayta qolaylik!» deyishgan edi. Ammo Shayboniyxonning Samarqanddagi xufiyalari Boburning shoirlar va olimlar suhbatiga berilib, yangi janglarga sust tayyorlanayotganini bildirib turar edilar. Qoʻldan-qoʻlga oʻtib, juda koʻp talangan Samarqand bahorga chiqib yana ochlik va qahatchilik balosiga yoʻliqqan edi. Buning hammasi Shayboniyxonni dadillashtirdi. Yaqinda u Buxorodan Dabusiyaga qoʻshin tortib keldi. Qal’aning baland devorlariga ulardan ham baland shotilar qoʻydirdi. Qal’a himoyachilari tepadan oʻq va tosh yogʻdirishayotgan boʻlsa ham xon oʻz askarlariga tap tortmay chiqaverishni buyurdi. Odamlar oʻlgan-qolganiga qaramay chiqib kelayotganini koʻrgan himoyachilar tepadan katta yogʻoch bolorlar otishdi, yonib turgan yogʻlarni chiqayotganlarning boshidan quyishdi. Devor taglari oʻliklarga toʻlib ketdi. Xon navkarlari qoʻrqib chekina boshladilar. Shunda Shayboniyxon oʻzining tugʻishgan ukasi Mahmudxonni va suyukli oʻgʻli Temurxonni butun navkarlari bilan jangga soldi. Xon ukasi va oʻgʻlini ham ayamayotganini koʻrgan jangchilar yana shotilarga yopishdilar. Yuqoridan yogʻilayotgan ajal shotiga chiqqanlarni tutday toʻkayotgan boʻlsa ham, bir necha yuz kishi shovqin-suron bilan devor tepasiga chiqib bordi. Devor tepasidagi jangda ikki tomondan ham juda koʻp odam qirildi, oʻliklar tuynuklarni bekitib qoʻyganidan pastga oʻq otish mumkin boʻlmay qoldi. Xon qoʻshini son jihatdan bir necha barobar koʻp boʻlib, shotilardan orqama-orqa chiqib bormoqda edi.

Boburdan yordam soʻrab ketgan chopar Samarqandga yetib borguncha boʻlmay Shayboniyxon Dabusiyani qonga belab axiri oldi-yu, himoyachilarni bitta qoldirmay qilichdan oʻtkazdi.

Bu zafar xon qoʻshinining ruhini koʻtardi.

Endi Shayboniyxon Dabusiyani togʻday bir tayanchga aylantirib, undan Samarqand ustiga sakrash tayyorligini koʻryapti.

Hozir pastda oʻtkazilayotgan poyga ham — shunchaki koʻngil ochish uchun emas, Bobur bilan boʻladigan hal qiluvchi janglarda Shayboniyxonga eng zoʻr, eng chopqir otlar tanlash uchun kerak.

Kuni kecha Samarqanddan kelgan darvish kiyimidagi bir maxfiy Boburning xotini qiz tuqqanini, otini Faxriniso qoʻyganlarini aytib bergan edi.

Shayboniyxon poygada bir-biridan oʻzib, sor burgutlarday uchib borayotgan yigitlariga zavq bilan tikildi-yu, oʻzicha dedi, «Mayli, Bobur kuzdagi gʻalabasidan faxrlanib, qiziga Faxriniso deb ot qoʻysin, kerilib, she’rini yozib yotaversin! Ungacha men burgutlarimning hammasini ovga oʻrgataman».

Shayboniyxon hali hech qaysi jangga bunchalik jon-jahdi bilan tayyorlangan emas. U Boburni yengish oson emasligini sezardi. Bobur endi oʻn toʻqqizga kirgan yosh yigit boʻlsa ham nihoyatda iste’dodli, nihoyatda dovyurak sarkarda ekanini Shayboniyxon amalda koʻrdi. Hozir bu atrofdagi shaharu qishloqlarning koʻpchiligi Boburga yon bosadi. Shayboniyxonning dushmanlari esa behisob. Sulton Ali mirzoning koʻpchilik bek va navkarlari bultur Shayboniyxonga qoʻshilgan edi, Bobur Samarqandni olgandan keyin hammasi uning tomoniga qochib oʻtib ketdi. Boburning qoʻshini kun sayin koʻpayib boryapti. Hatto Andijondagi Ahmad Tanbal ham ukasi Sulton Xalilni ikki yuz navkari bilan Boburning ixtiyoriga yuboripti. Shayboniyxon shuni eshitgandan keyin, hozir Boburning obroʻsi juda baland ekanini, undan hatto Ahmad Tanbal ham qoʻrqib qolganini sezdi. Bu ketishda yozga borib Boburning qoʻshini yana ham koʻpayadi. Shayboniyxon hal qiluvchi jangni tezlatmasa, keyin yutqizadi.

Bu munajjim ham shoir Binoiyga oʻxshab, xon qarorgohidan Bobur huzuriga qochib borgan edi. Xon Boburning rahmini keltirish uchun munajjimni Bobur huzuriga qochirishdan oldin kaltaklatib, ogʻiz-burnini qon qilgan, kiyimlarini yirttirgan edi. Mavlono Shahobiddin ismli bu munajjim hozir Bobur saroyida izzat-ikromda ekani ham Shayboniyxonga ma’lum edi. Xonning yashirin topshirigʻi qalandar kiyimidagi kishi orqali munajjimga yetkazilgan kuni kechasi Shayboniyxon oʻn ming qoʻshini bilan Bobur oʻrdasiga bostirib bordi, naqoralar, karnaylar chaldirib, istehkom devorlari orqali oʻqlar yogʻdirdi.

Otlar xandaqlardan oʻtolmas, ammo xon askarlarining haqoratomuz qichqiriqlari oʻrdada oʻtirgan Boburga va uning odamlariga baralla eshitilardi:
— Joning boʻlsa maydonga chiq!
— Qoʻrqoqlar, kurk tovuqday moyak bosib oʻtira berasanmi?!
— Boburingda yurak boʻlsa ulugʻ xonga oʻzini koʻrsatsin!
— Mard boʻlsa chiqsin maydonga!

Himoyada yotgan odamlarga tungi hujum va shovqin-suron ogʻir ta’sir qilishini Shayboniyxon yaxshi bilar edi. Boburning oʻrdasi atrofida uning yuzlab otliqlari urra-ur qilishib, borliqni larzaga keltirishdi, ihota qilingan shox-shabbalarga yonib turgan yoy oʻqlarini otishib, bir-ikki joyini yondirib yuborishdi. Ichkaridan ham oʻqlar otildi, achchiqlangan navkarlarning haqoratlari eshitildi, ammo xon qoʻshini bilan olishish uchun hech kim yurak yutib chiqolmadi.

Shayboniyxon Boburning kecha qoʻqqisdan maydonga qoʻshin tortib chiqolmasligini oldindan bilardi, chunki hech bir aqlli-hushli sarkarda bu qorongʻi tunda selday yopirilib kelgan lashkar qarshisiga tayyorgarliksiz betartib otilib chiqmasligi oʻz-oʻzidan ayon edi. Bu tungi shovqin-suron Shayboniyxonga oʻz lashkarining ruhini koʻtarish uchun kerak edi. U oʻzining hech narsadan qoʻrqmasligini, Bobur esa goʻyo tizzasi qaltirab, istehkomdan beriga chiqolmayotganini har ikki tomonga namoyish qilmoqchi, shu bilan yosh dushmanining iz-zat-nafsini qoʻzgʻatmoqchi edi. Ayni vaqtda, bu tungi hujum — Bobur qarorgohida ish olib borayotgan munajjimni ham dadillashtirishga qaratilgan edi.

Chindan ham bu tungi hujum Boburning izzat-nafsiga qattiq tegdi. Munajjim esa osmondagi yulduzlar tartibini murakkab bir tarzda unga tushuntirib: «Hozir sakkiz yulduz siz tomonda rost turur, — dedi.— Yana ikki kun oʻtgach, bu sakkiz yulduz gʻanimingiz tomo-niga ogʻib ketgay. Agar erta-indin jangga kirishsangiz, gʻalaba sizniki boʻlishidan butun falakiyot dalolat bermoqda!»

Axiri shu sabablar bir boʻlib, Bobur Shahrisabz va Toshkentdan keladigan katta koʻmakni kutib oʻltirmasdan, indin chorshanba kuni jang maydoniga chiqishga qaror berdi. Munajjim buni oʻsha aloqachi qalandar orqali Shayboniyxonga yetkazdirdi.

Shayboniyxon chorshanba kuni hayot-mamoti hal boʻlishini sezib, bor iste’dodini, butun tajribasini ishga sola boshladi. Kuni boʻyi boʻlajak jang maydonining har bir pastu baland joyini koʻzdan kechirib chiqdi, oftob qayoqdan chiqib, shamol qayoqdan esishigacha e’tibor berdi. Kechasi esa otlarni egarlatib, hamma narsani taxt qilib yotishni buyurdi, yov maydonga chiqqan zahoti darhol qulay tomonni egallashning rejasini tuzib qoʻydi. Ikki kecha deyarli uxlamadi. Yarim tunda ham, sahar pallada ham uning oq oʻtovidan kuchli ovoz va katta ixlos bilan yodaki qiroat qilinayotgan qur’on tovushi eshitilib turdi. Shayboniyxon joynamoz ustida sajdaga bosh qoʻyib, xudoga munojot qilar, koʻzlariga yosh olib «Sharmanda qilma parvardigor!» deb pichirlardi.

Jangdovullar azon palla Bobur qoʻshinining shoshilinch saflanayotganini va tugʻ tikayotganini aytib kelgan zahoti Shayboniyxon ham bor askarlarini oyoqqa turgʻizdi. Chavkar otda saflarni aylanib chiqdi.
— Shunqorlarim! — deb jarangli ovoz bilan qoʻshinga murojaat qildi. — Bu atrofda bizning xudodan boʻlak suyanchigʻimiz yoʻq. Ota yurtimiz uzoq, yengilsak yetolmaymiz. Birdan-bir najot — yengish! Mening parvardigordan umidim katta. Tushimda ayon boʻldi— nasib qilsa, gʻalaba bizniki!
— Inshoollo! — dedi oʻnlab ovoz birdan.

Shayboniyxon qur’ondan qisqa bir surani ohangdor tovush bilan ta’sirli qilib oʻqidi-yu, diniy rahbarlarga xos sirli va salobatli tarzda fatvo berdi:
— Omin, ollohu akbar!

Minglab odam birdan:
— Ollohu akbar! — deb takbir tushirganda osmon titrab ketganday boʻldi. Shayboniyxonning valiyligiga ishonadigan, uning fatvosidan ruhlangan qoʻshin avvaldan oʻylangan aniq reja bilan yov tomonga yoʻnaldi.

Uzoq mashqlar bekor ketmagan edi. Xonning qoʻshini goʻyo bir tan-bir jon boʻlib harakat qilar, xuddi tarang tortilgan yoyday oʻrtasi xiyol oldinga chiqib borar edi.

Chap tomon daryo. Shayboniyxon qoʻshinini oʻng tomondagi kengliklardan daryo tomonga qiyalatib yoʻnaltirdi. Chunki daryo tomon nishabroq edi, bugun shamol ham janubdan esmoqda edi. Yoʻl nishab boʻlsa-yu, shamol orqadan essa, chopqir otlar yanada tezroq uchishi mumkin. Shayboniyxon bugun qoʻllamoqchi boʻlgan toʻlgʻama usuli — yashin tezligida harakatlanishni talab qiladi. Shuning uchun u otlarning chopqirini avvaldan tanlab qoʻygan, bugun esa shamolning yoʻnalishiyu yerning nishabligini ham hisobga olgan edi.

Shayboniyxon qoʻshinining janubdan qiyalab yaqinlashayotganini koʻrgan Bobur qoʻshini yov bilan yuzma-yuz toʻqnashish uchun oʻng qanotini oldinroq chiqarib, daryoga orqa oʻgirdiyu, janubga tomon burila boshladi.

Orada ikki-uch chaqirimcha masofa qolganda Shayboniyxon xos navkalari, ichkilari va tugʻbardori bilan birga baland bir tepalikda toʻxtadi. Bobur ham shunaqa bir tepalikda otliq turar, uning orqasidagi daryoning suvi ertalabki quyosh nuridan tovlanib koʻrinardi.

Boburning qoʻshinlari orasida toʻra[15] koʻtargan, das-tasi uzun nayzalar va oyboltalar bilan qurollangan piyodalar ham koʻp edi. Agar otliqlar ularga toʻgʻridan roʻpara boʻlsa uzun nayzalar otga yoki otliqqa sanchiladi. Shayboniyxon piyodalarning markazda kelayotganini koʻrib, oʻzining qoʻshiniga yov markazini ochiq qoldirishni, yovning ikki qanotini aylanib oʻtib, ikki biqinidan va orqadan zarba berishni buyurgan edi.

Chap tomon daryo. Shayboniyxon qoʻshinini oʻng tomondagi kengliklardan daryo tomonga qiyalatib yoʻnaltirdi. Chunki daryo tomon nishabroq edi, bugun shamol ham janubdan esmoqda edi. Yoʻl nishab boʻlsa-yu, shamol orqadan essa, chopqir otlar yanada tezroq uchishi mumkin. Shayboniyxon bugun qoʻllamoqchi boʻlgan toʻlgʻama usuli — yashin tezligida harakatlanishni talab qiladi. Shuning uchun u otlarning chopqirini avvaldan tanlab qoʻygan, bugun esa shamolning yoʻnalishiyu yerning nishabligini ham hisobga olgan edi.

Shayboniyxon qoʻshinining janubdan qiyalab yaqinlashayotganini koʻrgan Bobur qoʻshini yov bilan yuzma-yuz toʻqnashish uchun oʻng qanotini oldinroq chiqarib, daryoga orqa oʻgirdiyu, janubga tomon burila boshladi.

Orada ikki-uch chaqirimcha masofa qolganda Shayboniyxon xos navkalari, ichkilari va tugʻbardori bilan birga baland bir tepalikda toʻxtadi. Bobur ham shunaqa bir tepalikda otliq turar, uning orqasidagi daryoning suvi ertalabki quyosh nuridan tovlanib koʻrinardi.

Boburning qoʻshinlari orasida toʻra[16] koʻtargan, das-tasi uzun nayzalar va oyboltalar bilan qurollangan piyodalar ham koʻp edi. Agar otliqlar ularga toʻgʻridan roʻpara boʻlsa uzun nayzalar otga yoki otliqqa sanchiladi. Shayboniyxon piyodalarning markazda kelayotganini koʻrib, oʻzining qoʻshiniga yov markazini ochiq qoldirishni, yovning ikki qanotini aylanib oʻtib, ikki biqinidan va orqadan zarba berishni buyurgan edi.

Oʻng qanotdagi Mahmud Sulton, Jonibek Sulton va Temur Sulton xonning buyrugʻiga amal qilishib, yovga bir chaqirim qolganda otlarini toʻsatdan oʻng tomonga burishdi va Bobur qoʻshinining chap qanotini aylanib oʻta boshlashdi. Shayboniyxon qoʻshinining chap qanotidagi mashhur lashkarboshilar Hamza Sulton va Madhi Sulton ham markazga tegmay, Boburning oʻng qanotini aylanib oʻtmoqda edilar.

Eng zoʻr kuchlarini markazga qoʻygan Bobur avval tuzgan rejasini shoshilinch ravishda oʻzgartira boshladi. Bobur markazga qoʻygan qoʻshinning bir qismi oʻng qanotga qoʻshilib, Shayboniyxonning chap qanotiga tashlandi.

Toʻlgʻamaning bir qaltis joyi shunda ediki, markazga tegmay oʻtgan ikki qanot bir-biridan ajralib qolishi mumkin edi. Yov ularni ikkiga boʻlib tashlashi, soʻng orqadan hujum qilib toʻlgʻama ishlatmoqchi boʻlganlarning oʻzlarini toʻlgʻab, qurshab olishi mumkin edi. Hozir Shayboniyxon qoʻshinining chap qanoti xuddi mana shu ahvolga tusha boshladi.

Ammo ana shu yerda eng yugurik otlarning tanlangani ish berdi. Boburning otliqlari oldindan qirqib chiqishga ulgurmadilar. Mahmud Sulton boshliq uch-toʻrt yuz chavandoz yov qoʻshinining orqasiga oʻtib olishga muvaffaq boʻldi. Oʻng qanotdan Hamza Sultonning ikki yuz otligʻi ham chopqir otlarda yovni aylanib oʻtib kelib, Mahmud Sultonning yigitlariga qoʻshildi. Bobur qoʻshini kutilmaganda ham ikki yondan, ham orqadan zarba yeb, esankirab qoldi. Jon achchigʻida baqirayotgan, qilich va oʻq zarbidan yiqilayotgan, oyoq ostida majaqlanib chinqirgan vahimali ovozlar, tigʻ, nayza zarbalari, «Urho, ur!» degan nidolar otlarni ham quturtirib yuborgan edi. Bobur qoʻshinining dastlabki yasogʻi buzilib ketdi, ikki tomonning otliqlari aralash-quralash boʻlib, piyodalarning ustiga otda bostirib keldi. Piyodalarni endi oʻz qoʻshinining otliqlari ham bosib-yanchib keta boshladi.

Ochiq qolgan markazdan Bobur askarlarining bir qismi alanga tiliday otilib chiqdi-yu, Shayboniyxon turgan tepalikka hamla qilib kela boshladi. Oʻng qanotdagi Temur Sulton bilan Jonibek Sultonning yigitlari hali ham qurshovdan chiqolmas edi. Shayboniyxon tomonga bostirib kelayotgan ikki yuzdan koʻproq otliqning raftori juda vahimali edi. Koʻpakbiyning uch-toʻrt yuz yigiti qirgʻin boʻlayotgan joydan chiqib, yov otliqlarining keti-dan tushdi. Ammo oradagi masofa ancha uzoq, Koʻpakbiy yetib kelguncha berigilar Shayboniyxonni butun ichkilari bilan yanchib oʻtishi mumkin edi. Buni sezgan xonning ichkilari sarosimaga tushib qolishdi. Yuvoshgina ot minib chiqqan mulla Abdurahim:
— Hazrati imomi zamon, vaqt oʻtdi, bexatar joyga chekinaylik! — dedi.

Shayboniyxonning rangida qon qolmagan. U ham bexatar joyga ketishni istardi. Ammo bu tepalikda u tugʻlar bilan turibdi. Agar pastga tushib ketsa-yu, askarlari oʻgirilib qarab, uni va tugʻlarni koʻrmasa, «Yengilibmiz!» — deb oʻylashadi. Xonning chekinishi— yengilish alomati boʻladi. Shuning uchun Shayboniyxon titrab-qaqshab:
— Oʻlim bor, chekinish yoʻq! — deb qichqirdi. Soʻng u yuz qadamcha narida turgan xos navkarlariga buyurdi:
— Chiq hammang! Ana u kelayotgan otliqlarning yoʻlini toʻs!

Bu xos navkarlar xonning eng soʻnggi tayanchi hisoblanar, ular odatda yengilib qochish kerak boʻlganda xonni qoʻriqlab olib ketish uchun saqlanar edi. Xon buyruq bergandan keyin yopirilib kelayotgan narigi yovning qarshisidan chiqib, yoylardan oʻq ota-ota ularga yaqinlashdilar. Xos navkarlar narigilarga qaraganda ikki barobar oz boʻlsalar ham dadil savasha boshladilar. Naryoqdan Koʻpakbiy ham uch-toʻrt yuz otligʻi bilan yetib keldi. Endi yov ilgʻorlari qurshovda qoldi. Bir vaqt shu qurshovni oʻntacha otliq yorib chiqdi.

Xuddi koʻpkari paytida uloq talashib toʻsatdan tomoshabin ustiga bostirib kelib qoladigan uloqchilarga oʻxshab, Shayboniyxon turgan tepalikka chiqib bordi. Mulozimlardan bir nechasi «gur» etib orqaga qochdi. Ammo Shayboniyxon oʻz navkarlarining qoʻli baland kelayotganini koʻrib turar edi. Kamonga oʻq oʻrnatib, tepani qiyalab qochib oʻtayotgan yov otliqlariga qarab otdi. Oʻq hech kimga tegmagan boʻlsa ham xon shaxsan oʻzi jangga qoʻl urganini koʻrgan navkarlar avvalgidan ham qattiqroq qichqirishib, yov ilgʻorini bitta qoʻymay qirib tashladilar.

Naryoqda yov qoʻshinini oʻrab, chulgʻab, toʻlgʻama usulini xon aytganday amalga oshirayotgan sultonlar mingga yaqin yigitlari bilan Bobur turgan tepalikka yetib bordilar. Piyodalar Boburga ish bermay qoʻydi. Yaqinda Toshkentdan kelib qoʻshilgan moʻgʻul otliqlari Bobur-ning jangni boy berayotganini sezishdi-yu, oʻljasiz ketmaslik uchun egasiz qolgan otlarni jilovidan tutib, yetaklab, jang maydonidan chiqib keta boshladilar. Ba’zi moʻgʻullar esa oʻzlari bilan bir safda jang qilayotgan andijonlik va samarqandlik yigitlarni egarlaridan agʻdarib tashlab, otlarini oʻlja qilib olib qochishga tushdilar.

Bir vaqt Shayboniyxon Boburning oʻn-oʻn beshta ichkilari bilan tepalikdan tushib, daryo tomonga qarab chekinayotganini koʻrib qoldi. Bu bir hiyla emasmikin, deb tikilib qarasa, Bobur toʻlib-toshib oqayotgan daryoga ot solib kirdi. Qirgʻoqda qolgan uning bir necha yuz navkarlari Bobur ketidan intilgan yovning yoʻlini devorday toʻsib oldi. Bobur Samarqandga qarab qochayotganiga endi astoydil ishongan Shayboniyxon qoʻllarini osmonga choʻzib, hayajon bilan:
— Xudoyo oʻzingga shukr, oʻzingga shukr! — dedi. Ammo yovi yengilib qochayotgani endi unga ozlik qiladigan tuyuldi. Shu topda u oʻz gʻalabasining yana bir daraja baland boʻlishini istardi. Shuning uchun ortda turgan chopar tomonga oʻgirildi:
— Tez borib shunqorlarimga ayt. Boburning boshini kesib kelgan odamga boshi barobarlik oltin beraman!

Chopar endi otining jilovini boʻshatib joyidan siltanib qoʻzgʻalganda Shayboniyxon:
— Toʻxta! — dedi. U magʻlub boʻlgan Boburni asir olib, tavbasiga tayantirsa, gʻalabasining shuhrati yana bir daraja oshishini sezdi: — Shunqorlarimga yana bir buy-rugʻimizni yetkiz! Boburni tirik tutib kelganga boʻyi barobarlik oltin beraman! Yo tirik, yo oʻlik, albatta, olib kelinglar!

Chopar tepalikdan ot choptirib tushib ketayotganda Shayboniyxon koʻzlarining nam ekanini sezdi. Gʻalaba zavqidan koʻziga yosh kelganini u endi payqadi-yu, kulimsirab, kafti bilan koʻz yoshini sekin artib qoʻydi.

8

Saraton oʻtib, asad oyi kirdi. Samarqand atrofidagi bogʻlarda mevali daraxtlarning shoxlari yetilgan hosildan egilib, yerga salom bera boshladi. Shahar ichida ham mevali daraxtlar, toklar juda koʻp, ammo ular hammasi hozirdanoq ship-shiydam boʻlib qolgan. Hali sargʻaymagan koʻm-koʻk barglar orasida birorta olma, birorta shaftoli, biror shingil uzum qolmagan. Besh oydan beri qamal azobini tortayotgan shahar xalqi bor mevalarni pishar-pishmas yeb tugatgan. Qoʻrgʻonning hamma darvozalari yopiq, shahar atrofini Shayboniyxonning qoʻshini qurshab yotibdi. Ichkaridan ham hech kimni chiqarmaydi, tashqaridan yordam bermoqchi boʻlganlarning ham yoʻlini toʻsadi.

Ulugʻbek madrasasining baland tomi ustidagi tekis sahnga Boburning oq oʻtovi oʻrnatilgan, bu yerdan qoʻrgʻon devorlari, atrof mahallalar, shahar darvozalari yaxshi koʻrinadi. Bobur goho och odamlarning tom boʻgʻotlariga in qurgan musichalarni ovlab yurganini koʻradi. Qanotli qushlar sillasi qurigan ochlarga tutqich bermaydi. Shahar ichida qushlar yeydigan don-dun, ovqat qoldiqlari ham topilmaydi. Shuning uchun bu yerdan qushlar ham oʻzini olib qochadi. Goho atrof koʻchalarda biror kishi it yoki mushuk tutib olsa, ochlar shuni ham talashib, gʻijillashib qolishadi.

Madrasaning orqa tomonida podshohning katta otxonasi bor. Ilgari bu yerda saroyning yetmish-saksonta oti boqilar edi. Hozir shulardan toʻrttaginasi qolgan. Bir qismi Saripul[17]da qoʻldan ketdi. Koʻpchiligi soʻyib yeyildi. Biroq shu toʻrtta otga ham yemish topilmaydi. Don yuzini koʻrmaganlariga bir oydan oshdi. Pichanu bedalar allaqachon tugagan. Atrofdagi daraxtlarning barglarini ham yulib, qoqib, ot va tuyalarga yedirishgan. Hozir bargsiz daraxtlar yozda ham xuddi qishdagiday yalangʻochlanib, koʻzga juda xunuk koʻrinadi.

Ot-ulovlarga barg ham topilmay qolgandan keyin daraxtlarning qurigan yogʻochlarini randalab beradigan boʻlishgan.

Bobur otxona hovlisida yogʻoch randalayotgan Tohirni koʻrdi. Saripulda bu yigit Boburning xos navkarlari orasida edi, daryodan oʻtishda ham, keyin ham jonbozlik koʻrsatgan edi. Bobur yaqinda uning uylanish tarixini eshitdi. Shuncha azoblar bilan qayta topib olgan xotini ocharchilikda nobud boʻlib ketmasin deb, Robiyani onasi Qutlugʻ Nigor xonimga kaniz qilib qoʻydi.

Tohir mayda qilib randalagan yogʻochni sargʻish moʻylovli Mamat suvga ivitib yumshatmoqda edi. Shunday qilinmasa uni ot yeyolmas edi.

Saripul jangiga Mamat ham navkar boʻlib qatnashgan edi. Oʻsha qirgʻindan eson-omon qaytgan bu yigit oʻtgan hafta qoʻrgʻon tashqarisiga meva oʻgʻirlashga chiqib, bir qulogʻidan ajralib qaytdi.

Qoʻrgʻon devoridan boʻy choʻzib, tashqariga qaragan ochlar tashqi bogʻlarda pishib, shoxlarda tiralib turgan, yerlarga toʻkilib yotgan olmalar, noklar, shaftolilarni koʻrib chidab turolmas edi. Kechasi el uxlaganda Mamat uch-toʻrtta eski kosib oshnalari bilan qal’a devori tagidagi obmoʻridan tashqariga chiqadi. Chohdan ham bir amallab oʻtib pishgan mevalardan toʻyganicha yeyishadi. Keyin qoʻllaridagi xalta va xurjunlarni ham mevaga toʻldirishadi, ammo qoʻrgʻonga tomon qaytayotganlarida shafqatsiz Koʻpakbiyning yigitlari ularni tutib olishadi. Mamat ham oʻzini kosib deb tanitdi. Agar «Boburning navkariman» desa tirik qolmas edi. Koʻpakbiy «meva oʻgʻirlagisi kelganlarga ibrat boʻlsin», deb tutilganlardan uchtasining burnini, ikkitasini qulogʻini kestiradi-yu, qoʻyib yuboradi. Bir siqim meva uchun qilingan bu vahshiylik tufayli Mamat endi yozda ham telpagini kesik qulogʻidan pastgacha bostirib kiyadigan boʻlgan. Ba’zida u oʻziga-oʻzi tasalli beradi:
— Qoʻloqni-ku, jashirsa boʻladi, burnim kesilsa nima qilar edim?

Bobur koʻchadan oʻtayotib goho burni kesilgan bechoralarni ham koʻrib qoladi.

U bir vaqtlar oʻzi Samarqandni yetti oy qamal qilib yotganda odamlarning boshiga qanchalik ogʻir kulfatlar tushganini mana endi chinakam bilyapti. Oʻsha ocharchilikda sahhoflik rastasiga borganlarida oʻgʻli kunjara yeb shishib oʻlgan, oʻzi jinni boʻlib qolgan bir kampir xudoni qargʻab, «Ilohim oʻzi ham shu koʻyga tushsin!» — deganini Bobur endi qasoskor taqdirning hukmidek eslaydi...

Kambagʻallar kulbasidan boshlangan ochlik asta-sekin navkarlar, beklar qarorgohiga ham, podshoh saroyiga ham oʻrmalab keldi. Mana, oʻn kundirki, Bobur non yuzini koʻrmaydi. Un allaqachon tugagan, unga oltin-kumush idishlarda ertalab bir siqim mayiz bilan choy, kechqurun tuya goʻshtidan pishirilgan bir kosa shoʻrva yoki uch-toʻrt tuyur kabob beradilar. Bobur oltinlari yaltiragan shohona idish-tovoqlarga termilib qaraydi-yu, hozir shularning hammasidan bir parcha nonni afzal koʻradi. Lekin non oltinga ham topilmaydi.

Oyisha begimning olti oylik emizikli qizchasi bigʻillab yigʻlaydi. Chunki ozib, madordan ketib qolgan Oyisha begimning siynasidan sut kelmaydi. Yaqinda bola koʻrgan boshqa bir onani topib, Faxrinisoni besh-oʻn kun emizdirgan edilar, falokat yuz berdi, u ona vaboga uchragan xonadondan ekan. Dahshatli kasallik Faxrinisoga yuqdi-yu, ikki kun ichida bola mumday erib jon berdi.

Bobur kafanga oʻralgan goʻdakni yangi qazilgan qabr oldigacha koʻtarib borar ekan, uning burishgan yuzchasiga yuzini bosib yigʻlab yubordi: «Mayli, shu vabo menga ham yuqsinu bu azoblardan biratoʻla xalos boʻlay!» — degan alamli oʻy bilan goʻdakning sovuq lablaridan oʻpdi.

Gʻalaba kunlari dunyoga kelib Faxriniso nomini olgan qizchani qabrga qoʻyib, ustiga tuproq tortganlarida Bobur bir lahza oʻzini uning oʻrnida koʻrdi, hali tirik boʻlsa ham hayotining bir boʻlagi, avvalgi zafarlariyu quvonchlari bilan birga umrbod tuproq tagida qolganini butun vujudi bilan his qildi.

Ichkarida Bobur kulfat chekib gʻam-gʻussaga botgan sari tashqarida uning dushmanlari tantana qilishmoqda edi. Bobur Hirotdagi amakisi Husayn Boyqarodan, Toshkentdagi togʻasi Mahmudxondan besh oy davomida yordam kutdi, kelmadi. Endi kelmasligi aniq. Shuni payqagan Shayboniyxon har kuni kechasi darvozalar tashqarisida naqora chaldiradi, karnay-surnaylar bilan shahar ahlini uygʻotadi. Soʻng xon jarchilari qoʻrgʻon tashqarisidagi koʻtarmalarga chiqib, shahardagilarni xon tomoniga oʻtishga chorlaydi, och odamlarga turli noz-ne’matlar va’da qiladi. Bobur endi urushni boy berganini sezgan bek va navkarlar devorlardan oshib tushib, suv moʻrilaridan oʻtib, qamal balosidan qochadi.

Bir kun kechasi Boburni qoʻriqlab yuradigan qoʻrchi begi ham qal’adan yashirincha chiqib qochdi. Xos qoʻriqchilar orasida Tohir bor edi. Ertasi kuni kechasi Bobur uni oʻz huzuriga chaqirib oldi.

Tohir ozib ketganidan yelkalari puchayib qolgan, koʻzlari ichiga oʻprilib tushgan. Yuzidagi chandigʻi esa boʻrtib, goʻyo avvalgidan xiyla katta boʻlib ketgan.
— Tohirbek, — dedi Bobur, — Amir Temur maqbarasining hoshiyasiga arab tilida bir hikmat bitilmishdir. Bu hikmatda «Jahon sendan yuz oʻgirmasdan oldin sen jahondan koʻngil uza bilgin» deyilmishdir. Men endi jahondan koʻngil uzmoqchimen. Vabo meni olib ketsa, balki tez qutular edim. Lekin meni vabo ham chetlab oʻtdi...
— Xudo saqlasin, amirzodam! Bizning suyangan togʻimiz oʻzingizsiz!
— Suyangan togʻingiz hozir yer bilan yakson boʻlmishdir, Tohirbek! Kecha bir bayt bitmishmen:

Ey koʻngul, gar Bobur ul olamni istar, qilma ayb,

Tangri uchun de, bu olamning safosi qoldimu?!

Tohir she’rdan ta’sirlanib:
— Rost, hozirgi kunlarimizda safo qolmadi, amirzodam! — dedi. — Lekin oyning oʻn beshi qorongʻi boʻlsa, oʻn beshi yorugʻ. Shukr, hali tanda jon, belda shamshirimiz bor!

Bobur oʻylanib turdi-yu:
— Endi soʻnggi ilinj yogʻiy ilkiga tirik tushmaslik! — dedi. — Bor kuchlarni toʻplab, qulay bir paytda qal’adan chiqayligu yogʻiy halqasiga hamla qilaylik! Kunimiz bitmagan boʻlsa yorib oʻturmiz, bitgan boʻlsa qilich bilan jon berurmiz!..
— Xudo xohlasa yorib oʻturmiz, amirzodam!
— Bu sirni hozircha faqat Qosimbek bilur, siz ham sir saqlang, tayyorlik koʻring!
— Jonim bilan!

Tohir oʻsha kuni kechasi Qosimbekka uchrashdi. Ikkovlari qal’a devorining xokrezlari orqali tashqarini kuzatib, yovning asosiy kuchlari Ohanin, Feruza va Chorraha darvozalari tomonda joylashganini, Shayx-zoda darvozasining atroflarida esa yov halqasi zaifroq ekanini aniqladilar. Navkarlar va otliqlarning eng baquvvatlarini tanlab, ularni hamlaga tayyorlay boshladilar.

Bobur Boʻstonsaroyda xonayi xosda kitoblari va qogʻozlarini koʻzdan kechirib, ularning eng keraklilarini olib ketmoqchi boʻlib saralayotganda eshikdan Qutlugʻ Nigor xonim, Eson davlat begim va Qosimbek kirib kelishdi. Vajohatlaridan favqulodda bir gap boʻlgan.

* * *

— Amirzodam, — deb Boburning buvisi, soʻnggi yillarda ancha bukchayib qolgan Eson Davlat begim gap boshladi: — Shayboniyxon sulh taklif qilib odam yubormish!

Sulh soʻzi Boburning qulogʻiga najot ohangiday eshitildi. Ammo najotni hech qachon Shayboniyxondan kutmaganligi uchun quloqlariga ishonmay, koʻzlarini buvisi bilan onasi-ga tikdi. Qutlugʻ Nigor xonim negadir qattiq iztirobga tushgan. Eson Davlat begimning qoʻlida zarhal hoshiyali qogʻoz. Kampir allanarsadan xijolat chekkanday boʻlib:
— Xonning nomasi, — dedi-da, qoʻlidagi qogʻozga istar-istamas qarab qoʻydi.

Xonning nomasi nega eng avval buvisining qoʻliga kelib tushganidan Boburning taajjubi oshdi:
— Nomani kim keltirdi?
— Nufuzli bir darvish. Naqshbandiylardan. Rahmatlik Xoʻja Yahyoga qoʻl bergan moʻysafid ekan.

Bobur onasiga qaradi:
— Sizga keltirib berdimi?
— Yoʻq, — deb Qutlugʻ Nigor xonim ma’yus bosh chayqadi.

Eson Davlat begim nomani Boburga uzatar ekan, uyalinqirab qoʻshib qoʻydi:
— Aslida bu noma Xonzoda begimning nomlariga kelmishdir.
— Ajabo! — deb Bobur xatni jirkanibroq qoʻliga oldi.
— Amirzodam, — dedi buvisi, — sizga aytishga ham uyalurmen... Shayboniyxon Xonzoda begimning ta’riflarini eshitib gʻoyibona dard chekarmish. Nomasida bir pora she’r ham bor.

Bobur Shayboniyxonning bu yil ellik yoshga kirganini, oʻgʻillarini allaqachon uylantirib, nevaralik ham boʻlganini bilar edi. Zaharxanda bilan nomani ochar ekan, eng avval she’riy satrlarga koʻzi tushdi:

«Sifatingni eshitib zor oʻldim,

Ishqing ilkiga giriftor oʻldim».

Boburning gʻashi kelib, nomani gilam ustiga otdi:
— Bu xon bultur Sulton Ali mirzoning onasi Zuhra begimga gʻoyibona oshiq boʻlib noma yuborganini nechun unutdilaringiz? Nahotki, ishonib boʻlsa?!

Qutlugʻ Nigor xonim uh tortdi. Eson Davlat begim esa iloji boricha sovuqqonlik bilan gapira boshladi:
— Amirzodam, boshqa vaqt boʻlsa dushmaningizning bu nomasini oʻqishga ham hazar qilur edik. Lekin hozir jonimiz qil ustida. Men-ku, yoshimni yashab, oshimni oshaganmen, besh kun oldinmi, keyinmi, bari bir keturmen. Lekin siz farzandimning yolgʻiz oʻgʻli, koʻzimizning oqu qorasi...
— Men ham taqdirimda borini koʻrurmen. Nasib qilsa yov halqasini yorib chiqurmiz!

Boburning qaltis qarorini Qutlugʻ Nigor xonim Qosimbekdan eshitgan ekan shekilli, tahlika toʻla tovush bilan gapirdi:
— Taqdir deb oʻzingizni oʻtga tashlamang, amirzodam! Bizni ham oʻylang! Siz yov tigʻiga oʻzingizni ursangiz, biz ne qilurmiz? Umr yoʻldoshingiz Oyisha begim ne qilur?

Bobur bunday xatarli jangga ayollarni olib chiqib boʻlmasligini endi oʻyladi-yu, onasining soʻzlariga javob topolmay qoldi. Bir lahzalik sukutdan soʻng Eson Davlat begim gilam ustida yotgan nomaga ishora qilib, istehzoli kulimsiradi:
— Buning kelganiga ikki kun boʻldi. Meni bilursiz, amirzodam. Koʻp balolarni koʻrib pishgan tadbirkor kampirmen. Noma keltirgan darvishni gapga soldim. Shubhalarimizni aytdim. Darvish qasam ichdi. «Xon astoydil sulh tuzmoqchi», deb bir talay dalil keltirdi. Bari-bir ishonmadim. «Boʻlmasa vakil yuboring, xon oʻz niyatini qoʻlida qur’on bilan tasdiqlasin!» — dedi. Biz buni sizga aytishdan oldin oʻzimiz taftish qilmoqchi boʻldik. Rahmatlik Xoʻja Yahyoga qoʻl bergan halolu pokiza bir moʻysafid bor edi. Oʻshani darvish bilan birga xon oʻrdusiga chiqardik. Bugun ertalab qaytib keldi. Xon barcha sultonlarning oldida qoʻliga qur’on olib aytibdir: «Shuncha qon toʻkilgani yetar, endi Xonzoda begim ro-zi boʻlsinlar, inilariga, onalariga, boshqa odamlariga tegmaymiz, qal’adan bexavotir chiqib ketsunlar», debdi. Katta toʻy-tomosha bilan uylanmoqchi emish. Samarqand xalqiga ham avfi umumiy bermoqchi emish! Bir qancha moʻysafidlar buni eshitib, bizdan iltimos qildilar. Nachora?

Bobur chakkalarini ikki qoʻli bilan qisib, bir lahza jim turdi-yu, soʻng birdan alami kelib gapirdi.
— Gulday Xonzoda begim nevaralik xonning haramida... Yoʻq, yoʻq! Bu insofsizlik!
— Amirzodam, — deb endi Qosimbek gapga aralashdi. — Shu ketishda Shayboniyxon Samarqandni baribir olur. Oʻshanda zoʻrlik bilan boʻlsa ham oʻz niyatiga yetur.

Bobur onasidan himoya kutib, Qutlugʻ Nigor xonimga yuzlandi:
— Onajon, Xonzoda begim ham sizning suyukli farzandingiz-ku. Shunday jigarbandimizni qaysi vijdon bilan oʻtga solurmiz?!

Oʻzi zoʻrgʻa turgan Qutlugʻ Nigor xonim oʻgʻlining bu gapidan kuyunib yigʻlay boshladi:
— Xudo mening boshimga bu qora kunlarni solguncha jonimni olsa boʻlmasmidi?! Xonzoda begim — mening toʻngʻichim! Yolgʻizligimni bildirmay yurgan sirdoshim, mehribonim! Men undan qandoq ayrilgaymen, e, parvardigor? Men shunday qizimni yogʻiy panjasiga qanday topshirurmen?!

Eson Davlat begim qizining yelkasidan silab, uning iztirobini bosishga tirishar ekan:
— Oʻzingizni bosing, bolam! — dedi. — Sizdan koʻra qizingiz aqlliroq. Xonzoda begim hamma narsani tushundi. Mushkilotlarga fahmi yetdi. Yigʻlab-siqtab, axiri koʻndi.

Bobur hang-mang boʻlib Qosimbekka yuzlandi:
— Nahotki shu gap rost? Xonzoda begim rozi boʻldilarmi?
— Ha, amirzodam!
— Ishonmaymen! — dedi Bobur. Soʻng kaftini kaftiga asabiy urib savdarboshini chaqirdi-yu: — Xonzoda begimni chorlang! — deb buyurdi. Keyin onasi, buvisi va Qosimbekka qarata dedi: — Meni ma’zur tutingiz, begim bilan yakkama-yakka soʻzlashmoqchimen.

Uchovlari indamay chiqib ketishdi. Anchadan keyin yashil kabo kiygan Xonzoda begim eshikdan motamsaro bir alfozda sekin kirib keldi.

Bobur uni qarshisiga oʻtqazib, bir lahza yuziga tikilib turdi. Ilgarigi gulgun yonoqlar endi sargʻayib ichiga botgan. Lablar soʻlgʻin. Faqat yirik-yirik koʻzlarida qandaydir qat’iyat alomati bor.
— Begim, siz... Shayboniyxon taklifiga rizolik bergan emishsiz. Shu rostmi?
— Rizo boʻlmay ne ilojim bor?
— Mening magʻlubiyatim sizni ilojsiz qoldirgani rost. Lekin iningiz hali tirik. Men asir tushmoqchi emasmen. Bir oʻlim boʻlsa, hammavaqt bor. Ajal yetmagan boʻlsa, sizlarni olib chiqib keturmiz. Kunim bitgan boʻlsa, ilkimda qilich bilan jon berurmen. Ana undan keyin rizolik bersangiz mayli. Unda hech kim: «Oʻzi omon qolib egachisini qurbon qildi», deyolmas. Menga bunday malomatdan oʻlim afzal. Rizo boʻlmang!

Xonzoda begimning koʻziga yosh quyulib keldi. U Boburni yov halqasini jang bilan yorib chiqib ketolmasligini bilardi. Bobur bir oʻlimni astoydil boʻyniga olib shunday deganini sezardi. U Boburni mana shu mardligi va dovyurakligi uchun ham jonidan ortiq koʻrar, oʻzini yov qoʻliga tutqazib, ukasini naqd oʻlimdan olib qolishni istardi.

Lekin u oʻzining bu niyatini Boburdan yashirishga majbur edi. Chunki Bobur, hozir oʻzi aytganday, opasini qurbon qilib qutulib ketish malomatidan oʻlimni afzal koʻrardi. Agar u Xonzoda begimning asl niyatini bilib qolsa, har qanday yoʻl bilan boʻlsa ham opasini niyatidan qaytaradi. Undan keyin najot yoʻli butunlay bekiladi!
— Boburjon, siz meni deb bevaqt oʻlimni boʻyningizga olmang. Men sizning ulugʻ istiqbolingizga ishonurmen. Sizdek nodir iste’dodlar dunyoga kam kelishini boshqalar bilmasa ham men bilurmen. Oʻzingizni ehtiyot qiling! Taqdiringizni tolei past egachingizning taqdiri bilan tenglashtirmang!
— Nechun bunday deysiz? Hammamiz ham bu oʻtkinchi dunyoga mehmonmiz! Siz bilan men bir onaning farzandlarimiz!
— Lekin men qiz tugʻilganmen, farqimiz shunda! Yoshim yigirma beshga kirdi-yu, hamon yolgʻizmen. Men koʻngil qoʻygan odamni taqdir menga ravo koʻrmadi! Omadingiz kelib, Shayboniyxonni yengganingizda, balki mening orzularim ham roʻyobga chiqur edi! Oʻshanda balki mening ham baxtim ochilarmidi? Yoʻq hamma umidlarim tarixning gʻildiragi tagida yan-childi! Qachongacha dargohingizda qari qiz boʻlib yurgaymen, izzatimni bilishim kerak!
— Nahotki, siz nevaralik cholni oʻzingizga munosib koʻrsangiz?
— Munosibimni topishdan umidim uzilgan! Endi keksami, yoshmi menga baribir!
— Bir vaqtlar Oʻshda siz menga nelar degan edingiz? «Koʻnglingizga ishoning», demagan edingizmi? Nahotki, sizning koʻnglingiz shu berahm xonga moyil boʻlsa? Bultur bu odam Zuhra begimga qanchalik noinsoflik qilganini bir eslang. Nahotki, siz shunday odam tufayli bizdan ajralib ketmoqchi boʻlsangiz?!

Xonzoda begim oʻkirib yigʻlab yubordi:
— Ne qilay?! Boshqa najot yoʻq! Yoʻq!!!
— Bir onadan tugʻilganmiz, endi taqdirimizda neki boʻlsa birga koʻrurmiz! Bizdan ajralmang! Tunda yov halqasiga hamla qilurmiz! Tayyor turing!

Xonzoda begim ham yana erkakcha kiyinib, ukasi bilan jangga kirishni butun vujudi bilan istardi. Hozir unga ham dushman asoratidan koʻra qoʻlida qurol bilan oʻlish afzal tuyulardi. Xonzoda begim toʻsatdan shu tuygʻuga berilib:
— Qachon? — deb soʻradi.

Bobur ovozini pasaytirib:
— Shu bugun kechasi! — dedi.

Xonzoda begim bugun kechasi suyukli ukasining yov qurshovida halok boʻlishi muqarrarligini goʻyo oldindan sezdi-yu, seskanib oʻrnidan turdi:
— Bugun emas! Yoʻq, yoʻq!

Bobur ham oʻrnidan turdi:
— Begim, mening inilarcha aytgan soʻzim inobatga oʻtmasa, buni podshohlik farmoni deb biling!

Xonzoda begim indamay Boburga yaqinlashdi. Yuzini ukasining koʻkragiga bosib, yelkalari silkina-silkina oʻrtanib yigʻladi. Shu tarzda u Bobur bilan soʻzsiz vidolashdi-yu, keyin goʻyo uning farmoniga boʻysunganday bosh egib, chiqib ketdi.

* * *

Yarim tunda Bobur, Qosimbek, Qutlugʻ Nigor xonim, Oyisha begim, Tohir xotini Robiya bilan birga, yana oʻttiz-qirqta bek va navkarlar Shayxzoda darvozasiga yigʻildilar. Biroq ularning orasida Xonzoda begim yoʻq. Bobur Xonzoda begimni birga olib chiqishni onasi-ga topshirgan edi.

Qutlugʻ Nigor xonim yigʻlayverib ovozini oldirib qoʻygan. Uning hazin tovush bilan bergan uzuq-yuluq izohidan Bobur shuni bildiki, Xonzoda begim buvisi bilan birga Chorraha darvozasiga qarab ketgan.

Shayboniyxonning qarorgohi oʻsha tomonda. Nahotki Xonzoda begim oʻsha niyatidan qaytmagan?

Bobur orqaroqda turgan navkarlariga oʻgirildi-yu, koʻzi Tohirga tushdi:
— Tez chorraha darvozasiga boring! Xonzoda begimni topib, mening buyrugʻimni yetkazing! Darhol bu yoqqa yetib kelsinlar! Begim kelmagunlaricha biz qoʻzgʻolmaymiz! Shuni borib ayting!
— Amirzodam!.. — deb Qosimbek Boburga e’tiroz qilmoqchi boʻlgan edi. Bobur unga quloq solmay yana Tohirga buyurdi:
— Tezroq boring!

Shiddat bilan chopayotgan otning taqalari toshlarga qarsillab urilib, koʻchalarning tungi sukutini buzib oʻtdi. Tohir Chorraha darvozasiga yetib borganda Xonzoda begim tushgan mahofa mash’al koʻtargan otliqlar qurshovida qoʻrgʻondan chiqib ketmoqda edi.

Koʻpdan beri davom etayotgan qamal yov qoʻshinini ham toliqtirgan, hamma urush tugashini sabrsizlik bilan kutar, agar Boburning opasi xonning shartini qabul qilsa, sulh tuzilishini koʻp odam bilar edi. Endi shahardan mash’alalar yoqib, darvozani ochib chiqqan shohona mahofa va uning ichida oʻtirgan Xonzoda begim xon qoʻshiniga tinchlik alomati boʻlib koʻrindi-yu, hammani uygʻotib yubordi. Sulh keltirayotgan malika sharafiga naqoralar va karnay-surnaylar chalindi.

Mahofa atrofiga moʻri-malahday qoʻshin toʻplanib borayotganini Tohir ochiq darvoza orqali koʻrdi-yu, otini tez orqaga burdi. Shayxzoda darvozasi oldiga uchib borib, hamma koʻrganlarini Boburga aytib berdi.

Shodlikka toʻlib yangrayotgan naqora sadolari, karnayning «vah-vaha-hu-u»si, surnay navosi bu yerlarga ham eshitilmoqda edi. Boburning nazarida, Xonzoda begim qari qiz boʻlishdan qoʻrqib va ukasi dargohida tortgan kulfatlaridan bezib, Shayboniyxon huzuriga rohat-farogʻat izlab ketgan edi.
— Dunyoda sadoqat yoʻq ekan! — dedi u alam bilan va otining jilovini siltadi: — Darvozani oching!

Darvoza sekin ochildi. Choh koʻprigi tushirildi. Olti oydan beri qoʻrgʻondan chiqmagan bir dasta otligʻu piyoda odamlar qorongʻi tunda yuraklarini hovuchlab, choh koʻprigidan oʻtdilar. Atrof tahlikaga toʻla. Goʻyo har daraxt ortida bir oʻlim kutib turibdi. Yoʻllarda yov jangdovullari uchrab qolishidan xavotirlanib, yoʻlsiz joylardan yurdilar, chuqur ariqlardan oʻtdilar. Lekin biror joyda yovga duch kelmadilar.

Samarqand qoʻrgʻoniga oʻralib, uning olti darvozasini olti boshli ajdarhoday qoʻriqlab yotgan yov qoʻshinining butun diqqat-e’tibori xon qarorgohidan kelayotgan karnay-surnay tovushiga va qal’adan goʻyo sulh timsoli boʻlib chiqqan malikaga jalb boʻlgan edi. Xonzoda begim xonning shartini qabul qilgandan soʻng Boburni ta’qib etmaslik haqida butun qoʻshinga farmon berilgan edi.

Xonzoda begim hamma balolarga oʻzini tutib berib ukasini yov qurshovidan xalos qilganini Bobur bilmasa ham Qutlugʻ Nigor xonim yaxshi bilar edi. Uzoqdagi naqora va karnay-surnaylar toʻy shodiyonasini eslatuvchi quvnoq kuylar chalgan sari Qutlugʻ Nigor xonimning yuragi qon boʻlib, koʻzlaridan duv-duv yosh toʻkilardi.

Toshkent, Oʻratepa, Soʻx - Koʻchki Bosgan Buloq

1

Toshkent... Oʻn besh-yigirma yildan beri urushning sovuq nafasi tegmagan bu shahar Sa-marqandga nisbatan osuda hayot kechirmoqda edi. Toshkent qoʻrgʻonining har oʻn ikki darvozasidan odamlar bemalol kirib-chiqib turibdi. Boʻzsuv va Solor arigʻining boʻylaridagi mevali daraxtlar kuz yomgʻirida yuvingan. Oʻrik, olcha barglari oʻz butoqlari bilan vidolashish oldidan shafaqday qizil tus olgan. Uzoqdan koʻrinib turgan Chotqol togʻlariga qor tushgan.

Qamal dahshatlarini boshdan kechirib kelayotgan Boburga Toshkentning toʻkin-sochin kuzi, bagʻri kengligi, togʻdan esgan sarin shabadasi ma’sud oʻsmirlik davrini eslatdi. U oʻn olti yasharligida kelganida Xadradan pastdagi Hazrati Ukkosha bulogʻidan suv ichgan. Oʻqchi mahallasida Toshkentning jahonga mashhur oʻq-yoylarini yasagan ustalarga oltin bezakli «Kamoni Shoshiy» buyurtma bergan, Shayhantohurga koʻmilgan bobosi Yunusxonning qabrini ziyorat qilgan edi.

Hozir u elliktacha bek va navkari bilan (qolganlari uni Oʻratepada kutib turadigan boʻlishdi) Besh-ogʻoch darvozasidan kirib, Qoratosh mahallasi orqali xon saroyi tomon borar ekan, yonidagi Qosimbek birdan bezovta boʻldi:
— Nechun dorugʻa peshvoz chiqmadi?

Bobur Toshkent xonining jiyani edi, oʻtgan gal kelganlarida shahar dorugʻasi ularni qoʻrgʻondan tashqarida izzat-ikrom bilan kutib olib, saroyga boshlab borgan edi.
— Bu gal biz xonumondin ayrilib, magʻlub boʻlib kelmoqdamiz, janob Qosimbek! — dedi Bobur ma’yus kulimsirab. — Shuning uchun ortiqcha ehtirom kutmang.

Chindan ham Mahmudxon saroyida Boburni juda sovuq qarshi olishdi. Uning navkarlarini hatto arkka kirgizishmadi. Bobur Qosimbekning izzat-nafsga borib asabiylashayotganini koʻrdi-yu:
— Siz bilan biz Samarqandda naqd oʻlimni zimmamizga olgan edik, hatto oʻlimdan najot izlagan edik!— dedi. — Oʻshal dahshatlarning oldida bu mayda behurmatliklar hech gap emas. Kecha Oʻratepada bir bayt bitdim, aytaymi?
— Bajonidil!
— Eshiting:

Davlat uchun koʻngulni zor etma,

Izzat uchun oʻzingni xor etma!
— Haq gapni bitibsiz, amirzodam. Bu bevafo dunyo gʻam yemakka arzimaydir!

Shu bilan ikkovlari bir-birlariga sal tasalli bergan boʻldilaru, Bobur xonning qabulxonasiga qarab ketdi.

Qoʻliga oltin dastali hassa ushlagan, zarbof toʻn kiygan shigʻovul Mahmudxonning Shayboniyxon elchisi bilan band ekanini aytganda, Boburning qalbida birdan noxush tuygʻular qoʻzgʻaldi. U qamaldan chiqqandan soʻng ikki oycha Oʻratepada xolasinikida turgan, Shayboniyxon Mahmudxonga elchi yuborib, Movarounnahrni boʻlib olish haqida bitim tuzishga intilayotganini oʻsha yerda eshitgan edi. Mishmishlarga qaraganda, Shayboniyxon Fargʻona vodiysini Toshkent xoniga berib, Oʻratepani oʻzi ishgʻol qilmoqchi emish. Agar shu gap rost chiqsa, Boburning bu atrofda jon saqlaydigan joyi qolmaydi, Movarounnahrdan bosh olib chiqib ketish kerak boʻladi.

Uning bugun Toshkentga kelishidan maqsadi — togʻasini Shayboniyxonning makru hiylalaridan ogoh qilish va uni bosqinchilarga qarshi mudofaaga chorlash...

Bobur qabulxonada ancha vaqt muntazir turgandan keyin shigʻovul chiqib, uni xonning huzuriga boshlab kirdi. Toʻrda qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan shatranj donalari koʻrindi. Shayboniyxonning elchisi yoʻgʻon gavdali, bahaybat Jonibek Sulton xonga ta’zim qilib turibdi. Sargʻish yuzli, xushbichim Mahmudxon tillarang moʻylovini dikkaytirib mamnun kulimsirayotganiga qaraganda, hozir Jonibek Sultonni shatranjda yutgan edi. Toʻrt yildan beri jiyanini koʻrmagan togʻasi shuncha uzoqdan boshiga kulfat tushib kelgan Boburni kuttirib qoʻyib, oʻzi Shayboniyxonning elchisi bilan shatranj oʻynab oʻtirganida qandaydir yashirin ma’no bor edi. Mahmudxon magʻlub boʻlgan jiyanidan koʻra gʻolib Shayboniyxonni ortiqroq hurmat qilishini elchiga sezdirib qoʻymoqda edi.

Buni payqagan Bobur Jonibek Sultonga ataylab salom bermadi, unga xuddi devorga qaraganday beparvo bir nazar tashladi-da, togʻasiga yuzlandi:
— Xon hazratlari, men sizni yogʻiylaringizning makru hiylalaridan ogoh qilgali keldim!

U Jonibek Sultonning chiqib ketishini kutib bir lahza sukut qildi. Oraga tushgan noqulaylikni tarqatish uchun Mahmudxon elchiga maxsus ehtirom bildirib, uni eshik ogʻzigacha kuzatib qoʻydi. Soʻng Boburni zarbof koʻrpacha ustiga taklif qilib, oʻng yoniga oʻtqazdi:
— Xush kelibsiz, Mirzam! Koʻp otashin boʻlmang. Bu kunlar ham oʻtar. Siz hali yoshsiz, oʻn gulingizdan biri ham ochilgan emasdur.
— Mening koʻp gullarim ochilmay xazon boʻldi, hazratim. Mening bir qanotim Ahmad Tanbalning olovida kuydi-yu, ikkinchi qanotimni Shayboniyxon kuydirdi. Ilohim, endi siz shu mash’um olovlarning orasida qolmang!

Mahmudxon bu gapni sal boshqacha tushundi:
— Toʻgʻri, Tanbal bizga ham xiyonat qildi. Shuning uchun biz Tanbal elchisini emas, Shayboniyxon elchisini qabul qildik.
— Ammo siz uchun Tanbaldan koʻra Shayboniyxon yuz chandon xatarliroq, hazratim! Chunki Tanbalga Far-gʻona vodiysi yetib ortadir. Ammo Shayboniyxon butun Movarounnahrni egallamoqchi. Xuroson bilan Eronni ham olmoqchi. E’tibor bergan boʻlsangiz, uning unvo-ni: «Xalifai rahmon, Iskandari soniy!». Shayboniyxon Iskandar Zulqarnayndek barcha mamlakatlarni fath etmoqchi, yana bu bilan qanoatlanmay, butun musulmon olamining diniy rahbari — xalifai zamon boʻlmoqchi!

Shayboniyxonning niyati uning unvonidan ham koʻrinib turishiga Mahmudxon ilgari uncha e’tibor bermagan edi. Hozir Boburning soʻzlari ta’sirida bir lahza oʻylanib oldi, soʻng boyagi xon elchisining soʻzlarini esladi:
— Nazarimda, Shayboniyxon bizga qarshi yurish qilmoqchi emas. Elchisining aytishicha, ular Hisorni, soʻng Xuroson bilan Eronni egallashmoqchi.
— Xon hazratlari, bu hammasi sizni gʻaflatda qoldirish uchun keltirilgan yolgʻon dalillardir! Tarixni bir eslang: qaysi fotih avval Toshkent bilan Fargʻonani olmay turib, Xurosonu Eronga yurish qilgan? Chingizxonmi? Yoʻq! Amir Temurmi? Yoʻq! Axir butun Movarounnahrni, Samarqandu, Toshkentu, Fargʻonani egallamasdan, ularning kuchiga tayanmasdan turib, Xurosonu Eronga yurish qilish ahmoqlik boʻlur-ku! Buni Shayboniyxon bilmagay deysizmi?

Shayboniyxonning Toshkentga hujum qilish ehtimoli Mahmudxonni anchadan beri tahlikaga solib kelardi. Shuning uchun u Issiqkoʻldan narida hukmronlik qilib yurgan ukasi Olachaxonni oʻn besh ming qoʻshini bilan yordamga chaqirgan. Bu qoʻshin hozir yoʻlda, biror oy ichida Toshkentga yetib keladi. Shayboniyxonning odamlari bundan allaqachon xabar topgan boʻlishlari kerakki, Toshkentga elchi yuborib, murosa yoʻlini izlab qolishdi. Mahmudxon Shayboniyxonning sarkardalik qobiliyatini yaxshi biladi va u bilan urushishni istamaydi. Jiyani Bobur esa urush boʻlishini juda naqd qilib qoʻyyapti. Nega? Mahmudxon jiyanining niyatini aniqroq bilmoqchi boʻldi:
— Xoʻsh, Mirzam, Shayboniyxonning urushishi aniq boʻlsa, biz ne qilmogʻimiz kerak?
— Shayboniyxonga qarshi turgan barcha kuchlar toʻplanib ittifoq tuzmogʻimiz lozim!

Mahmudxon qoʻngʻir koʻzlarini Boburga sinovchan nazar bilan tikdi.
— Siz bilan ittifoq tuzaylikmi, Mirzam?
— Faqat biz emas, kichik xon dodam Olachaxon hazratlari borlar-ku.
— Ha, Olachaxonning qoʻshini bilan mening qoʻshinim birlashsa oʻttiz ming boʻlur. Keyin biz sizning qoʻshiningiz bilan birlashurmiz — shunda qancha boʻlgʻay?

Boburning ikki yuzu elliktagina odami qolgan edi. Buni yaxshi biladigan Mahmudxon Boburni kulgi qilmoqchi boʻlib, shu savolni bermoqda edi. Chindan ham oʻttiz ming qoʻshini bor xonlar bir dasta askari qolgan, xonumonidan ayrilgan Bobur bilan ittifoq tuzib oʻtirarmidi? Bobur Mahmudxonni oʻziga yaqin olib, shu gapni aytganidan izza boʻldi.
— Hazratim, oʻgay taqdir hozir meni shu koʻyga soldi. Ammo biz magʻlubiyat zahrini ichishdan oldin gʻalaba sharobini ham tatib koʻrgan edik. Shuning uchun sizga koʻnglimni ochib gapirishga jur’at etdim!
— Ochiq gapirganingiz ma’qul, albatta. Qalay, iloj boʻlsa Shayboniyxon bilan yana olishmoqchimisiz?

Mahmudxonning savolida: «Yiqilgan kurashga toʻymaydi, chamasi-da!» degan kinoyali ma’no bor edi.
— Olishishga mening haqqim bor, — dedi Bobur.— Chunki birda yiqilgan boʻlsam, birda yiqitganmen! Ammo siz Shayboniyxonga koʻp yordamlar bergansiz!..
— Bu — rost, rost! — dedi Mahmudxon. Shu topda uning koʻnglidan: «Agar ogʻa-ini ikkovimizning oʻttiz ming qoʻshinimizga Boburni sarkarda qilib qoʻysak, jiyanimiz Shayboniyxon bilan urushib, ancha tajriba orttirgan, oʻzi ham dovyurak yigit, yengib chiqishi mumkin», degan fikr kechdi.

Mahmudxonning oʻzida sarkardalik iste’dodi yoʻq edi. Agar Bobur uning qoʻshiniga bosh boʻlib Shayboniyxonni yengsa, keyin odamlar Mahmudxonni emas, Boburni va uning iste’dodini ulugʻlaydi. Undan soʻng, Bobur Toshkentni ham togʻasidan tortib olishga haqli boʻladi. Chunki azaldan ma’lum: qoʻshin kimning qoʻlida boʻlsa, hokimiyat oʻshaniki.

Mahmudxon shuni oʻyladi-yu, oʻz qoʻshiniga Boburni sarkarda qilish fikridan darhol qaytdi. Gapni boshqa yoqqa burib:
— Shoʻrlik Xonzoda begim... ne koʻylarga tushdi-a?— dedi. — Shayboniyxon makkor tulki-da. Xonzoda begim ona tomondan bizga avlod, ota tomondan temuriylarga mansub. Begimni olsa obroʻsi oshishini bilgan. Samarqandda dabdabali toʻy berib uylanganmish.

Mahmudxonning gap avzoyidan, Bobur goʻyo opasini qurbon qilib, oʻzi qutulib chiqqan edi. Bobur voqeaning boshqacha boʻlganini ayta boshlaganda, Mahmudxon ishongisi kelmay bosh chayqadi:
— Juda uyat boʻldi-da, Mirzam, hammamiz malomatga qoldik!
— Davron mening boshimga toj kiydirgan edi, — dedi Bobur yana otashin boʻlib. — Endi shu toj oʻrnida ta’na toshi! Hammasidan toʻydim, xon hazratlari! Endi borsa kelmas boʻlib bosh olib ketishdan boshqa ilojim qolmadi!
— Undoq demang, Mirzam! Minba’d siz bizning aziz mehmonimizsiz. Egachim Qutlugʻ Nigor xonim sizga muntazir edilar. Zaifangiz Oyisha begim ham shu yerdalar. Borib ular bilan koʻrishing, dam oling. Ertaga Shayboniyxon elchisi sharafiga qabul marosimi oʻtkazmoqchimiz. Siz ham ishtirok eting!

Bobur xon huzuridan chiqar ekan, hamma gapi bekor ketganini, Mahmudxon Shayboniyxondan tahlikaga tushib qolganini va u bilan dadil olishishga jur’at etolmay, xushomad yoʻliga oʻtganini endi aniq sezdi. Ark hovlisidan oʻtib borayotganda Toshkentdagi osudalik hozir unga dovul oldidan boʻladigan xatarli sukunatdek tuyuldi. Yaqinlashib kelayotgan dovuldan onasi va xotinini olib chiqib ketish niyati bilan arkning toʻridagi ayollar turadigan ichki hovlilarga qarab ketdi.

* * *

Oyisha begim Toshkentga bundan ikki oy avval kelgandi. Samarqandda ilk farzandining oʻlimi ustiga qamal azoblari qoʻshilib, yosh juvon kasalmand boʻlib qolgan edi. Mahmudxonning suyukli xotini Roziya Sulton singlisiga oʻzi turgan qasrdan joy berib, uni eng yaxshi tabiblarga qaratgan va yaxshi parvarish qilib, oyoqqa turgʻizgan edi.

Bobur shuning hurmatini qilib, avval Roziya Sulton begim huzuriga kirdi. Oyisha begimga qilgan parvarishlari uchun qaynegachisiga minnatdorchilik bildirdi-yu, endi xotinini Oʻratepaga olib ketmoqchi ekanini aytdi. Laqabi «Qorakoʻz begim» boʻlgan oʻttiz yoshlardagi bu chiroyli juvon shahlo koʻzlaridan uchqunlar sochib:
— Amirzodam, Oyisha begim sargardonlikdan toʻygan, endi uni chekka joyga yubormagaymiz! — dedi.
— Taqdirimizda bori shu boʻlsa, nachora, hazrat begim?
— Meni ma’zur tuting, amirzodam, ammo har kimning taqdiri oʻz peshonasiga bitilur.
— Biroq... kemaga tushganning joni bir boʻlmasmi?
— «Jonimiz bir» deb bechora singlimga shuncha azob berganlaringiz yetar. Ozib choʻp boʻlib keldi. Endi sogʻayganda yana sarsonlik, yana lomakonlik!

Bobur bugun mayda-chuyda behurmatliklarga bardosh berishni zimmasiga olib kelgan boʻlsa ham, lekin xonning boyagi kinoyalari ustiga qaynegachisining bu beandisha gaplari qoʻshilib, jon-jonidan oʻtib ketdi.
— Hazrat begim, maqsadingizni ochiq ayting — endi singlingizni mendan ajratib olmoqchimisiz?!
— Men undoq deganim yoʻq! Siz ham sargardonlikni bas qiling, amirzodam. Endi Toshkentda muqim turing!

Bobur: «Sizga sigʻindi boʻlibmi?» degisi keldi-yu, lekin yana oʻzini bosib:
— Taklifingiz uchun tashakkur! — dedi va xayrlashib chiqib ketdi. Oʻsha kuni oqshom u Oyisha begim bilan yolgʻiz qolganda Roziya Sulton begimning gaplaridan norozi boʻlganini aytdi:
— Toʻn iligʻini egasi bilur, deydilar. Roziya Sulton begim bizni oʻzimizchalik bilmasalar kerak. Koʻp aralashmasalar yaxshi boʻlur edi.
— Ammo men egachimga hamma gapni aytib berganmen, Mirzam.
— Er-xotinning hech kimga aytmaydigan sirlari boʻlmagaymi?

Oyisha begimning ilgarigi uyatchanliklari endi qayoqqadir yoʻqolgandi. U ham opasiga oʻxshab, Boburga tik gapirdi:
— Mening egachimdan yashiradigan sirim yoʻq, Mirzam!

Bir vaqtlar Boburni ulugʻlab, «hazratim» deydigan Oyisha begim endi xonga oʻxshab, balandroqdan kelib, «mirzam» deyishi ham gʻalati edi.

Bobur kinoya bilan soʻradi:
— Demak, endi sizga men kerak emasmen, faqat egachingiz kerak?
— Nechun unday deysiz? Men hali ham sizning nikohingizdamen!
— Unday boʻlsa, men sizni bu yerdan olib keturmen. Safar tayyorgarligini koʻring!

Yoʻl azobiga chidami yoʻq Oyisha begim ozorlanib soʻradi:
— Yana Oʻratepagami? Men oʻsha yoʻllarni eslasam, koʻnglim behuzur boʻladir. Hazratim, mening jonimni yoʻl oldi! Samarqandga bejon boʻlib bormasam edim, jigarporam oʻlmas edi. Mana hozir bir yoshga kirib tetapoya boʻlib yurib ketur edi!

Oyisha begim goʻdak oʻlgan qizalogʻini eslab, koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi. Oʻshandagi oʻlimning sovuq nafasi Boburning ham yuziga tegib oʻtganday eti uvushdi.
— Ajalga davo yoʻq ekan, begim. Lekin undan berida bir boshga necha qayta oftob tegib, necha marta kulfat tushar ekan. Yosh boʻlsak ham buni koʻp koʻrdik. Oʻlmasak, hali yana yorugʻ kunlarga yetishurmiz, farzandlik ham boʻlurmiz. Shu mushkul damlarda bir-birimizni tark etmaylik. Men bilan birga yuring.
— Birga yurgan paytlarimda siz menga qaradingizmi, Mirzam? Hamisha saltanat tashvishiyu urush-yurishlar... Men sizni deb shuncha sargardon boʻldim. Siz meni oylar davomida koʻrmasangiz ham sogʻinmas edingiz... Balki men sizga munosib emasdurmen?.. Suymagan xotiningizning sizga ne keragi bor?!

Bobur xotiniga koʻngilsizroq boʻlib yurgan paytlarini esladi. Hozir ham Oyisha begimni birga olib ketishga urinayotgani — uni ortiq darajada suyganidan yoki usiz yashay olmasligidan emas, balki Oyisha begimni yaqinlashib kelayotgan xavf-xatar girdobiga tashlab ketishni oʻz sha’niga munosib koʻrmaganidan edi.
— Xonzoda begimni yogʻiyga oldirganimiz ozmi? — dedi Bobur. — Shuning malomati ham menga yetib ortadir, begim! Endi sizni bunday balolardan uzoqqa olib ketmoqchimen!
— Hozir men uchun Toshkentdan tinch joy yoʻq!
— Bu hammasi — muvaqqat tinchlik, inoning! Koʻp oʻtmay Shayboniyxon bu yerga ham bostirib kelur!
— Men egachimning qanoti ostida hech narsadan qoʻrqmaymen! Dargohingizdan adoi tamom boʻlib kelib, egachimning yonida yana tirildim!
— Mening dargohimda qiynalganingiz rost. Lekin... yaxshi kunlarimiz ham boʻlgan edi-ku!.. Insof bilan bir eslang axir!..

Oyisha begimning barcha alamlari yangilanib, xotirasi loyqalanib turgan shu daqiqalarda birorta yaxshi kun esiga tushmadi.
— Dargohingizda qachon yaxshi kun koʻribmen, Mirzam! Mudom safar! Mudom tahlika! Mudom sarsonlik! Mudom bemehrlik!

Bobur Oyisha begimdan bunchalik adolatsiz gap kutmagan edi. Axir u Samarqandni birinchi marta olganida Oyisha begim «najotkorimizga» deb sovgʻa yubormaganmidi? Keyingi gʻalabasida «faxrlanamen» deb shivirlagan kim edi? Bobur bularni eslab oʻtirishni oʻziga ep koʻrmadi-yu, xotiniga hayrat bilan tikilib:
— Nahotki hammasini unutgansiz? — dedi.
— Yoʻq, koʻrgan azob-uqubatimni umrbod unutmasmen!
— Faqat azob-uqubat?!
— Bu ozmi? Oz boʻlsa, xoʻrlanib yigʻlaganlarimni ham unutmasmen! Endi qolgan umrimni egachimning duoi jonini qilib oʻtkazurmen. Sargardonlik bas! Xoʻrlik bas! Men ham shoh qizimen!

Bobur oltin kamariga osilgan charm hamyonini titroq qoʻllari bilan ochib, nimanidir qidirdi, ammo topolmadi. Soʻng indamay tashqari chiqdi-yu, mulozimlari turadigan xonaga oʻtdi.

Dastorpech ertaga boʻladigan qabul marosimi uchun Boburning shohona kiyimlarini sandiqdan olib, dazmollamoqda edi. Oltinlar, qimmatbaho gavharlar bilan bezatilgan ipak kiyimlar Bobur hozirgina xotini va qaynegachisidan eshitgan beandisha gaplar alamini yanada oshirib koʻrsatganday boʻldi. Shuning ustiga Qosimbek Boburga roʻpara boʻlib shikoyat qildi:
— Xon shigʻovuli ertangi qabul marosimida Jonibek Sultonni sizdan balandroqqa oʻtqazmoqchi emish! Bu ne surbetlik! Axir siz shohsiz! Nahotki dashtiy bir bekni sizdan ortiqroq e’zozlasalar?!

Qosimbek hali ham oʻzini Boburning eshik ogʻasidek tutar va uning obroʻ-izzatini himoya qilishni oʻzining burchi deb bilardi. Xon bugun Boburni qabulxonasida muntazir qilib qoʻyib, Shayboniyxonning elchisi bilan shatranj oʻynab oʻtirganda ham dashtiy sultonni jiyanidan baland qoʻygan emasmidi? Bir kunda shuncha kamsitish!.. Ertaga bunday mayda-chuyda kamsitishlar yanada koʻpayishi aniq. Buning hammasiga chidab, sigʻindi boʻlib yurishga bardoshi yetmasligini endi aniq sezgan Bobur:
— Yoʻq! — dedi. — Hammasidan kechdim! Janob Qosimbek, men endi shoh emasmen! Kerak emas menga xon qabuli! Bas! Uloqtiring hammasini!

Bobur dastorpechning qoʻlidagi oltin bezakli toʻnni yulqib olib, yerga otdi. Nariroqda gavhar va yoqutlar bilan bezatilgan shohona salla turgan edi. Bobur sallaga qadalgan ikkita gavhar donasini — bir vaqtlar Oyisha begim bergan sovgʻani sitib, yulib oldi, soʻng sallani eshikka qarab otdi. Salla chuvalib ketib, bir uchi ostona ustiga uzala tushdi.

Qosimbek sarosima bilan Boburning yelkasiga qoʻlini qoʻydi:
— Amirzodam, sizga ne boʻldi? Amirzodam!

Rangida qon qolmagan Bobur hansirab xitob qildi:
— Minba’d men bir darvish boʻlib kun koʻrmoqchimen! Janob Qosimbek, onamga ayting! Men hozir Oʻratepaga keturmen! Yuz chumchuqqa bir kesak! Toju taxt da’vosidan voz kechdim! Kim shunga koʻnsa, men bilan yursin! Qolganlarga javob!

Bobur salladan yulib olgan ikkita gavharni siqimlaganicha ark hovlisiga chiqdi. «Suymagan xotiningiz sizga ne kerak?» degan soʻzlar qulogʻiga qaytadan eshitilib ketdi. Chindan ham yulduzi toʻgʻri kelmagan begimni endi oʻz ixtiyoriga qoʻygan ma’qul emasmi? Ammo bu begim endi til chiqarib, shuncha achchiq gaplarni aytishi, eridan bironta ham yaxshilik koʻrmadim, deyishi, Boburning qalb yaralariga sepilgan tuzdek vujudini achishtirmoqda edi. U oʻz xonasiga kirib qogʻoz va daftarlari saqlanadigan sandiq tagidan Oyisha begim bir vaqtlar ipak bilan tikkan xaltachani qidirib topdi. Yillar davomida xaltachaning oq matosi sargʻayib, xiralashgan, ammo qizil ipak bilan tikilgan «Najotkorimizga» degan kashtasimon yozuv asliday turgan edi. Bobur gavharlarni xaltachaga solib, Oyisha begimning oldiga bordi.
— Begim, siz meni najotkor bilib, bu gavharlarni «taxtga chiqqanda tojga qadab chiqsinlar» deb yuborgan edingiz. Hozir mening toju taxtim yoʻq... Shohlik da’vosidan ham butunlay voz kechdim. Darvish boʻlib togʻlarga chiqib ketmoqchimen. Siz esa shoh qizisiz... Oling gavharlaringizni!.. Balki yana boshqa biron... najotkoringizga sovgʻa qilursiz!

Oyisha begim xaltachani olar ekan, achchiq bilan bidillab dedi:
— Meni yana tashlab ketadigan boʻlsangiz, javobimni berib keting!
— Shundoqmi? Ajrashmoqchimisiz?
— Ha. Ajrashamen!
— Boʻlmasa... bugundan boshlab menga xotin emassiz! Boshingiz ochiq! Shariat boʻyicha uch taloqsiz!

2

Oʻratepaning janubidagi Turkiston tizma togʻi etaklariga bahor ancha kechikib keladi. Hamal oyining oxirlarida dalalarga endi qoʻsh chiqadi. Qorli Piryax choʻqqisining tagida toʻrt tomoni baland tepaliklar bilan oʻralgan shamolpana Dahkat qishlogʻida oʻriklar savr oyiga borib gullaydi.

Qishloqning kunbotish tomonida baland tepalikka koʻtariladigan tik yoʻl — baroz bor. Baroz shunchalik balandki, uning yuqorisidan Dahkatga qaralsa, qishloq teran bir chuqurlikning tubiga joylashganday koʻrinadi.

Barozdan yuqoridagi tekis dalada Tohir yalang oyoq boʻlib, hoʻkiz bilan yer haydamoqda. Samarqandda Tohirga qoʻshilib navkar boʻlib kelgan bir qulogʻi kesik Mamat esa hali haydalmagan zoyak yerga qulochkashlab urugʻ sochyapti. U ham yalang oyoq boʻlib ishton pochasini shimarib olgan. Ulardan narida uch-toʻrtta dahkatlik tojik dehqonlar ham yer haydab, ekin ekayotir. Yer yumshoq, havo yoqimli, ishning unumi yaxshi. Shuning uchun hammalarining ruhlari koʻtarinki. Shuncha vaqt jangu jadalda yurib, dehqonchilik kasbini sogʻingan Tohir endi yayrab yer haydaydi va birda-yarim ashula xirgoyi qilib qoʻyadi.

Barozdan piyoda koʻtarilib kelgan Bobur togʻda qoʻy boqib yurgan, dalada qoʻsh haydayotgan yosh-yalanglarga qarar ekan, bir narsadan taajjublandi. Togʻu toshga poyabzal chidamagani uchun kambagʻallarning koʻpisi yalang oyoq yurardi. Ust-boshlari ham yupun, lekin ruhlari tetik, qorinlari toʻyib ovqat yeyishsa, kayflari chogʻ.

Bobur oʻzini shu yoshlarga qiyos qiladi: uning ham toʻrt muchasi sogʻ, oʻzi kuchga toʻlgan yigirma yoshli yigit, qishloq yigitlaridan kamligi yoʻq. Lekin nega u bunchalik gʻamgin? Mana bu ulugʻvor togʻlar bagʻrida nega u goʻzal tabiatning tirik bir boʻlagiday yayray olmay-di?

Hamma gap yalang oyoq yurishda boʻlganiday, Bobur agʻdarma etigini yechib marzaga qoʻydi-yu, haydalgan yer ustida sarpoychan yurib koʻrdi.

Tuproq baxmalday mayin, undan bahor va yoshlikning hidi keladi. Odamning tuproqdan yaratilgani haqidagi rivoyat esga tushadi.

Navkarlar va dehqonlar Boburning yalang oyoq yurganini avval hazilga yoʻyib kulishdi. Keyin Bobur etigini marzada qoldirib, Dahkatning barozidan yalang oyoq tushib ketayotganini koʻrishdi-yu, hayron boʻlishdi.

Barozning mayda toshlari Boburning tovonlariga botar, tik joylardan tushayotganda chaqir toshlar oyogʻiga tikan boʻlib kirib ketayotganday ogʻriq qoʻzgʻar edi. Lekin Bobur tishini-tishiga qoʻyib ogʻriqqa chidab borar edi.

Barozning yarmigacha tushganda ketidan agʻdarma etikni qoʻliga olib, sakrab-sakrab Tohir yetib keldi:
— Amirzodam, etikni kiying! Toʻxtang. Bu toshlar oyogʻingizni yara qilmasin!

Bobur toʻxtab, Tohirning tovonlari qoraygan katta-katta oyoqlariga qaradi:
— Sizning oyogʻingiz jarohatsiz-ku?
— E, amirzodam, biz oʻrganib ketganmiz.
— Men ham oʻrganmoq istaymen.
— Nechun?
— Sizlarga havasim kelur, — dedi Bobur yoʻlida davom etib.

Tohir undan sal keyinroqda borar ekan, kuldi:
— Amirzodam, podshohning navkarga havasi kelishi mumkin emas.

Bobur Tohirdan xiyol ranjib:
— Siz ham menga ishonmadingizmi? — dedi. — Toshkentda podshohlik da’vosidan voz kechganimni ayt-gan edim-ku!

Bu hodisaga Qosimbek ham, boshqa koʻpchilik bek va navkarlar ham «achchiq ustida shuncha-ki aytilgan gap», deb qarashgan va oʻsha ikki yuz ellik kishining hammasi Qutlugʻ Nigor xonim bilan birga Boburning ketidan Dahkatga kelishgan edi.

Tohir ogʻir tin oldi-yu:
— Amirzodam, men sizga oʻzimdan ham ortiq ishonurmen, — dedi. — Ammo sizning shohlik tashvishidan qutulishingiz mumkin emas.
— Nechun? Axir shahzodalarning toju taxtsiz oʻtganlari yoʻqmi?
— Bor. Ammo siz undaylardan emassiz.
— Ammo men toju taxtning bevafoligini bilganlardanmen. Shoh Jamshiddek, Iskandar Zulqarnayndek tojdorlar ham orttirgan davlatu molu dunyolarini tashlab, qabrga bitta kafan bilan ketgan emaslarmi?

Tohir yaqinda togʻning narigi tomonidagi Obburdon qishlogʻiga borganlarini esladi.

Boburning toju taxtdan ixlosi qaytganligi behazil boʻlsa kerakki, shoh Jamshidning tilidan aytilgan tojikcha she’rni chashma boʻyidagi toshga oʻydirdi. Toʻrt satrlik bu she’rning ikki satri Tohirning esida turibdi: Giriftem olam ba mardi-yu zoʻr,
Va lekin naburdem bo xud ba goʻr[18]
Olamni zabt etgan jahongirlarning saltanati ham omonat — Oʻzlari dunyodan ketishla-ri bilan tugaydi. Lekin shoirning yaxshi soʻzlari toshga bitilgan harflarday asrlar davomida oʻchmaydi. Shunday ekan, Bobur qolgan umrini shoirlikka bagʻishlasa yaxshi emasmi?
— Men jon der edimu, lekin beklar sizni qoʻymaslar,— dedi Tohir.
— Beklarga ijozat berurmiz, keturlar.

Bobur shu soʻzining ustidan chiqa olishini yalang oyoq yurish bilan isbot qilmoqchi boʻlganday, yana mayda toshlar ustidan sarpoychan yurib ketdi. Biroq uning qiynalib borayotgani mayishib yurishidan sezildi. Tohir uni quvib yetdi-yu:
— Amirzodam, etikni kiying, — dedi. — Yalang oyoqlikni havas qila koʻrmang. Xudo sizni hech vaqt bu koʻylarga solmasin.
— Qaysi koʻylarga?
— Yalangoyoqlarning ahvoliga tushmang!
— Ajabo! Yalangoyoqlar odam emasdirlarmi?
— Odam. Lekin siz shoh boʻlib tugʻilgansiz!
— U holda — shoh odam emasdirmi?

Tohir javob topolmay qoldi. U shoh bilan navkar orasida togʻday baland devor borligini bilar, Bobur bu devordan bir sakrab oshib oʻtmoqchi boʻlayotgani gʻalati tuyulardi.

Tohirning nazarida, Bobur qayta shoh boʻlishdan umidini uzganu tushkunlikka uchragani uchun shu gaplarni aytyapti.
— Amirzodam, agar siz shohlikdan shoirlikni afzal koʻrsangiz, unda men ham... ahli ayolim bilan tinch bir goʻshada dehqonchilik qilib, sizga sadoqat bilan umr oʻtkazgan boʻlur edim... Lekin buning iloji boʻlmas...

Bobur etigini Tohirning qoʻlidan oldi.
— Siz qayting, — dedi Tohirga. — Ammo bu gaplar oramizda qolsin. Keyin yana kengashurmiz. Boring!

Tohir barozdan qaytib chiqar ekan, Boburning unga oʻzini yaqin olib shuncha gʻalati gaplar aytganidan koʻngli koʻtarilib kulib qoʻydi. Biroq Bobur bir goʻshada tinchgina yashaydigan miskintabiat odamlardan emas edi. Uning yalang oyoq yurishga oʻrganmoqchi boʻlgani esa Tohirga shoirona bir shoʻxlik boʻlib koʻrinardi.

Tohir barozning tepasiga chiqqanda orqasiga oʻgirilib qaradi. Bobur hamon etigini qoʻliga olib, pastlab bormoqda edi. Tohir uning chidamiga tan berib: «Lekin soʻzidan qaytmaydigan odati ham bor!» deb qoʻydi.

Bobur oyogʻining bir-ikki joyi qavarib shilinganini sezsa ham ogʻrigʻiga chidab, qishloqning berigi chetidagi chashma boʻyiga sarpoychan bordi. Undan narida yumshoq tuproqli soʻqmoq bor edi. Lekin qishloq odamlari uning yalang oyoq yurganini koʻrib, pastu baland gap qilishlari mumkin edi.

Unga uyini bergan qishloqning kadxudosi ham, bek va mulozimlar ham «Mirzo hazratlari» deb, Boburga hamisha ta’zim qilishar edi. Agar Bobur kambagʻal dehqonga oʻxshab sarpoychan yursa, bular oddiy yalang-oyoqqa ta’zim qilganday koʻrinib, izzat-nafsga borishlari va xafa boʻlishlari mumkin edi. Shuning uchun Bobur a’yonlar uchraydigan joylardan odatdagiday etik kiyib oʻtar edi-yu, Dahkatning atrofidagi yonbagʻirlarga borgach, yana yalang oyoq boʻlib olardi. Oyogʻiga botib ozor beradigan gʻadir-budur toshlar, butalar dilini oʻrtayotgan alamli oʻylarning taftini oladiganday boʻlar edi. Kunlar oʻtishi bilan uning tovonlari sagʻri charmiday qalinlashib tosh-poshlar, yogʻin-sochinlar kor qilmaydigan boʻlib ketdi.

* * *

Dahkatdan uch-toʻrt chaqirim quyida Qorazov deb ataladigan baland jarlar tagidan odamni oqizadigan ulkan Oqsuv yelib oʻtadi. Bu suvning oʻngga burilib, yoyilib oqadigan sokinroq bir joyida kechuv bor.

Togʻ bagʻridan qiyalab oʻtgan soʻqmoq bilan archalar orasidan yurib kelayotgan Bobur tushga yaqin Oqsuvning shu kechuvi oldidan chiqdi va daryodan oʻtib kelayotgan yigirmatacha qurolli otliqlarga roʻpara kelib qoldi. Oldinda piyozi chakmon va qizil boʻrk kiygan Qosimbek. Unga ergashib kelayotgan navkarlar ham tanish.

Bobur ularga yalang oyoq yurganini koʻrsatgisi kelmadi-yu, yoʻldan chetlanib, baland bir archaning soya-siga borib oʻtirdi.

Lekin bu orada Qosimbek ham uni koʻrib qoldi. Kechuvda qornigacha hoʻl boʻlgan otini Boburdan ancha narida toʻxtatib, tez yerga tushdi. Navkarlar ham Boburni hurmat qilib apil-tapil otdan tushdilar. Qosimbek otining jilovini navkariga berib, egilib ta’zim qilgan koʻyicha Boburga yaqinlashdi. Musibatli tovush bilan dedi:
— Amirzodam, bir qoshiq qonimdan keching! Yana bir shumxabar!...

Boburning xayoli Toshkentga ketdi. Qosimbek uch oydan beri oʻsha yoqlarda yurgan edi. Boburning togʻasi Mahmudxon Shayboniyxonning elchisi sharafiga ziyofatlar berib yurib, axiri xon bilan bitim tuzgan edi. Bu bitimga binoan Shayboniyxon Oʻratepani Mahmudxonga berib, oʻzi Hisorga qoʻshin tortib ketgan edi. Paytdan foydalangan Mahmudxon ukasi Olachaxon bilan birga Fargʻona vodiysidagi Ahmad Tanbalga qarshi urush ochgan edi. Ular vodiyni Ahmad Tanbaldan tortib olib, Toshkent xonligiga qoʻshmoqchi edilar. Shayboniyxon avval bu niyatga qoʻshilgan edi. Nahotki endi soʻzidan qaytgan boʻlsa?!
— Ne boʻldi? Soʻzlang!
— Shayboniyxon manfurlik bilan soʻzidan qaytmishdir, amirzodam! Togʻalaringiz Fargʻona vodiysida Ahmad Tanbal bilan olti oy olishib, uni yengolmay, koʻp talafotlar berib, zaiflashib qolgan paytda Shayboniyxon bitimni buzib, kutilmaganda ketlaridan bostirib kelmishdir! Oldinda Ahmad Tanbal qoʻshini, ketlarida yolgʻon ittifoqchi Shayboniyxon qoʻshini! Togʻangiz bu ikki baloning orasida qolib tor-mor boʻldilar! Shayboniy-xon uni asir olmishdir.

Bobur joyida oʻtirolmay oʻrnidan turib ketdi.
— Yo alhazar! Toshkent ham ketdimi, a?
— E, soʻramang, amirzodam! Toshkentda ikki ming qoʻriqchi askar bor edi. Olti oyga yetgulik zaxira bor edi! Qoʻrgʻonni qattiq turib himoya qilsa boʻlur edi. Biroq asir tushgan Mahmudxon behad uyatlik bir ish qilmishdir. Shayboniyxon uni qatl ettirmoqchi boʻlganda, Mahmudxon: «Qonimdan keching, ne talabingiz boʻlsa bajaray!» dedi. Shunda Shayboniyxon shart qoʻyurki, Toshkentdagi qoʻriqchi askarlaringizga buyruq yozib yuboring, toki qoʻrgʻonni jangsiz tashlab chiqib ketsinlar, ammo xazina bilan haram qoʻrgʻonda qolsin. Jon shirin-lik qilib, Mahmudxon bu shartni qabul qilmishdir!
— Nahotki butun haram Shayboniylar ilkiga tushgan boʻlsa?!
— Ha, amirzodam, gʻoliblar qoʻriqchisiz Toshkentda uch kun elni talamishdir! Togʻoyingiz Mahmudxonning eng koʻhlik singlisi Davlat begim Shayboniyxonning oʻgʻli Temur Sulton haramiga uchinchi xotin boʻlib kirmishdir. Ellik uch yashar Shayboniyxonning oʻzi Mahmudxonning oʻn olti yoshlik goʻzal qizi Moʻgʻil xonimni nikohlab olmishdir! Mahmudxonning suyukli xotini Roziya Sulton begim ilgarigi elchi Jonibek Sultonga gʻunchachi qilib nikohlanmishdir! Bultur Xonzoda begim uchun bizni shunchalar malomat qilgan Mahmudxon endi suyukli xotinini, qizini, singlisini oʻz joni uchun bunchalik sharmandali ahvolga solgani butun el-ulusning nafratini keltirmishdir!

Boburning xayoli Oyisha begimga ketdi. Undan koʻngli qolib, ajrashib ketgan boʻlsa ham, lekin bir vaqtlar ilk yoshlik mehri bilan suygan xotinining Shayboniyxon haramiga tushishi ehtimoli uni dahshatga keltirdi. Opasi Xonzoda begimning Shayboniyxon haramiga tushgani ozmi?

Bobur Qosimbekka dahshat toʻla koʻzlarini tikib soʻradi:
— Nahotki Oyisha begim...Egachim Xonzoda begimning kundoshiga aylantirilgan boʻlsa?!
— Yoʻq, amirzodam! Ne til bilan aytayki, Oyisha begim xonning amakisi — ellik besh yoshli Koʻchkinchixonga toʻqol xotin qilib nikohlanmishdir!

Bobur yuzini qoʻllari orasiga olib nido qildi:
— O, bu ne razolat? Ne sharmandalik?!

Qora koʻzlaridan uchqunlar sochib Boburga achchiq gaplar aytgan oʻsha Roziya Sulton begim bugun Jonibek Sultonning quchogʻida! Bu yoʻgʻon gavdali makkor bek Mahmudxon saroyida elchi boʻlib, xon bilan shatranj oʻynab, ataylab yutqizib yurgan paytlaridayoq uning suyukli xotinini koʻz ostiga olib qoʻygan boʻlsa ehtimol. Oyisha begim-chi?

Qosimbek armon toʻla tovush bilan soʻzida davom etdi:
— Koshki Mahmudxon shuncha uyat ishlar qilib, tirik qolgan boʻlsa!
— Togʻoyim oʻldirildimi?!
— Shayboniyxon birinchi martasida uni oʻldirmagan edi. Lekin haligi sharmandaliklar bilan ruhan oʻldirgandan battar qilib Movarounnahr chegarasidan sharqqa — Oltoy tomonga quvib yuborgan edi. Bundan alami kelgan Mahmudxon oʻsha yoqlarda oʻziga tarafdorlar topib, qoʻshin yigʻib Shayboniyxondan qasd olish uchun yana Sirdaryo boʻyiga keladi. Xoʻjand yaqinida ikkinchi marta jang boʻlib, Mahmudxon yana yengiladi-yu, ikki yosh oʻgʻli bilan asir tushadi. Bu gal Shayboniyxon Mahmudxonning oʻzini ham, yosh oʻgʻillarini ham ayovsiz qatl ettirmishdir!
— Yo alhazar!.. Yo rab!..

Bir vaqtlar Boburga oqibatsizlik qilib, alam oʻtkazgan yaqinlarining taqdir tomonidan bunchalik shafqatsizlarcha jazolanishi Boburni qora bosiriqday ezib, karaxt qilib qoʻydi. Bobur ulardan har qancha ranjiganda ham bunday ogʻir jazolarni ularning hech biriga ravo koʻrmas edi.

Boburning rangi quv oʻchib, yuz muskullari titrayotganini koʻrgan Qosimbek shumxabar keltirgani uchun yana bir marta uzr soʻradi. Boburning sal taftini oladigan chora qidirib:
— Amirzodam, qani, oʻltirsinlar, marhumlarning arvohiga tilovat qilaylik, — dedi.

Tizzalari boʻshashib, oyogʻida zoʻrgʻa turgan Bobur archa tagidagi boyagi joyiga qaytib oʻltirdi. Qosimbek uning qarshisiga tiz choʻkdi. Navkarlar ham birin-ketin choʻnqaydilar. Qosimbek shirali, yoʻgʻon ovoz bilan qur’on suralarini ohangdor qilib aytib, uzoq tilovat qildi. Daryoday bir zaylda oqadigan bu ohanglar Boburga dunyoning bebaqoligini, oʻtib turgan har bir daqiqa umr qaytib kelmaydigan ne’mat ekanini, hayotning gʻanimatligini eslatdi-yu, u oʻzini sal bosib, yalangoyoqlarini toʻnining etagi bilan bekitib qoʻydi. Tilovat tugab, yuzlariga fotiha tortganlaridan soʻng Qosimbek navkarlarga qoʻli bilan nariroq borib turish ishorasini qildi. Ular uzoqlashgach, Boburga yanada yaqinroq kelib, past ovoz bilan dedi:
— Shayboniyzodalar bu gʻalabalardan quturib, Andijonga koʻz tikmishlar. Bosqinchilar erta-indin Oʻratepaga ham kelurlar. Endi bu yerlarda yurish xatarli, amirzodam. Togʻ oshib, Hisorga ketmoq kerak.

Hisor hukmdori Xisravshoh taxtni Boburning amakivachchasi Boysunqur mirzodan tortib olib, taxtga da’vogar boʻlmasin, deb, oʻldirtirgan edi. Bobur shuni esladi-yu:
— Mening qordan qochib doʻlga tutilishim ne darkor, janob Qosimbek? — dedi.
— Mening maqsadim boshqa, amirzodam. Kamina Hisor beklari bilan bulturdan beri maxfiy muzokara olib bormoqdamen. Ularning koʻpi Xisravshohdan norozi ekan. Oʻzi bir navkardan chiqqan tagi past hukmdor. Taxtda oʻltirishga haqqi yoʻq. Borsak, yaxshi beklari sizga yon bosgaylar.
— Yana taxt talashishmi? Yoʻq, janob Qosimbek! Men bu talashlardan juda toʻydim! Hozir menga tinch bir goʻsha boʻlsa, darvishona hayot kechirsam, ash’or yozsam — shu oʻzi bas!..

Qosimbek boyadan beri koʻzini Boburning yalang oyoqlaridan olib qochmoqda edi. Shahzodaning bunday yurishi unga juda erish tuyulardi.
— Amirzodam, siz bizning taqdirimizni ham oʻylang! Ikki yuz ellikta sodiq odamlaringiz — beklaru mulozimu navkarlaringiz sizga omad tilab, avvalgidan ham katta martabalarga yetishingizga ishonib, togʻu toshda sargardon boʻlib yurishi nechun?

Qosimbekning gapi tagida: «Chindan darvish boʻlamen desangiz sizga buncha beku navkarlarning ne keragi bor? Nechun javobini bermaysiz?» degan ma’no yotar edi.
— Siz keltirgan mudhish xabarlardan koʻnglim vayron boʻlib turgan paytda yana bir mushkul gapni qoʻzgʻadingiz, janob Qosimbek!
— Gustoxligim uchun meni kechiring!
— Ammo siz haqsiz. Men sizdek sodiq kishilarimning taqdirini ham unutmasligim kerak. Rostini ayting, janob Qosimbek, Xisravshohning oʻzi ham sizni xizmatga chorlaganmi?
— Chorlagan. Ikki qayta maxsus odam yubormishdir.

Bobur Qosimbekning mardona yuziga, qirq yoshga bormasdan oq oralay boshlagan kalta soqol-moʻyloviga ma’yus bir nazar tashladi.
— Sizdan mahrum boʻlish men uchun behad mushkul!— dedi. — Otam oʻlgandan beri menga otadek gʻamxoʻrlik qildingiz. Men sizdan koʻrgan sadoqatu yaxshilikni hali boshqa hech qaysi bekdan koʻrgan emasmen!
— Sarafrozmen, amirzodam!
— Endi shu yaxshiliklaringiz hurmati, men sizga javob berurmen. Mayli, Hisorga boring!
— Sizni tark etib ketishga koʻnglim yoʻq, amirzodam! Birga ketaylik!
— Men oʻzim ham shohlik zanjiridan butunlay ozod boʻlishga intilmoqdamen, janob Qosimbek. Bu zanjirning bir uchi tobe odamlarga bogʻlangan boʻlsa, uning ikkinchi uchi shohning oʻziga bogʻlanur ekan! Shu sabab, tobelarni zanjirdan boʻshatmaguncha podshohning oʻzi ham zanjirband boʻlur ekan. Men endi mana shu tabiat bagʻrida zanjirsiz yashashga qasd qildim. Shuning uchun sizga javob! Boshqa beku mulozimu nav-karlar ham vaqt-soati bilan javob olurlar!

Bobur Qosimbek bilan xayrlashmoqchi boʻlib oʻrnidan turdi. Samarqandda suyukli opasidan, Toshkentda xotinidan ayrilgan, bugun esa shuncha mash’um xabarlar eshitib, yana eng ishongan bekidan ham ajrashishga majbur boʻlayotgan Bobur oʻzini har qancha tetik tutishga urinsa ham tizzalari bukilib, gandiraklab ketdi. Qosimbek uni quchoqlab xayrlashar ekan, koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi.

3

Bobur oʻziga azob beradigan ogʻir tuygʻularni togʻlardan koʻrinadigan kengliklarga sochib yubora olsa yoki goʻzal she’riy satrlarga joylay olsa bir qadar yengil tortadi.

Ne yerda sokin oʻlay? Ne qilay? Qayon ketayin?

Ne dayrdin eshigim ochilur, ne masjiddin.

Necha eshikdin eshikka gado kabi yetayin?

Kuyib-yonib yozgan bu satrlari qalbining taftini olar, dunyoda uning uchun hamma eshiklar bekilganda ham bir muqaddas qopqa — she’riyat qopqasi doim ochiq ekanini ich-ichidan sezib koʻngli koʻtarilardi. U oʻz qalbida hali sarf etilmagan qudratli kuchlar borligini, opasi Xonzoda begim Bobur bilan vidolashgan paytida: «Sizning nodir iste’dodingiz bor, bu buyuk ne’matni hayf qilmang!» degan soʻzlari koʻp esiga tushadi. Kecha mana shu Oqsuv boʻyidagi bir qishloqda toʻy boʻlgan, shunda yosh bir xonanda sehrli tovush bilan Boburning «Koʻnglimdan oʻzga yori vafodor topmadim» deb boshlanadigan gʻazalini ashula qilib aytganini u oʻzi koʻchadan oʻtayotib eshitgan edi. Oʻsha daqiqalarda uning qalbidagi eng zoʻr kuch junbushga kelib, yuzaga chiqish uchun yoʻl axtargan edi. Bu ichki kuch unga Dahkatning kunchiqish tomonidan uch ming gaz balandlikdagi Osmon Yaylov togʻining uchidan otilib chiqib turgan moʻ’jizaviy buloqni eslatdi. Jilgʻalar boʻyidan, togʻ yon-bagʻrilarining tagidan koʻz ochgan buloqlar koʻp. Lekin shunday yuksak togʻning eng baland bir nuqtasidan yorib chiqqan bunday gʻalati chashmani Bobur birinchi marta shu yerda uchrat-di.

Janubda mangu qorga burkangan ulugʻvor Piryax choʻqqisi yaltirab turibdi. Ammo u choʻqqi bilan Osmon Yaylov togʻning orasida behad chuqur jilgʻalar, katta-katta balandliklar bor. Bu buloqning suvi oʻsha choʻqqidan tushib, yana Osmon Yaylovga chiqib kelguncha ikki oradagi chuqurliklardan ham teranroq joyga tushib, soʻng yana yuksak toqqa koʻtarilgan boʻlishi kerak. Buloq buncha kuchni qaerdan olganikin? Uni shunchalik baland joyga chiqishga, shunday toshlar orasidan koʻz ochishga nima majbur qilgan ekan? Ehtimol, ilgari uning koʻzi pastdagi togʻ kamarlarida boʻlgandir? Balki buloqning ustiga togʻ koʻchib tushib, avvalgi koʻzini bekitib qoʻygandir?

Boburga birdan oʻz hayoti ham koʻchki bosgan buloqqa oʻxshab koʻrindi. Axsida qulagan jar ham shu buloqning koʻziga tushgan. Koʻchmanchi sultonlarning Samarqanddagi gʻalabasi ham... Ichki bir kuch bilan qaynab chiqayotgan buloq koʻchkining tuproqlarini yuvib, toshlar orasidan yoʻl topib oʻta boshlaganda Movarounnahrdagi ijtimoiy zilzilalar zarbidan yangi-yangi jarlar qulaydi, qoyalar koʻchadi-da, yana shu buloqning koʻziga tushadi.

Buloq hamon tugʻilgan zaminining boshqa joylariga bosh urib, yorugʻ dunyoga olib chiqadigan yangi yoʻllar izlaydi.

Agar Osmon Yaylov bulogʻi toshlar orasidan yoʻl topib, mana shunday baland qoyani yorib chiqqan boʻlsa, Bobur umidsizlanmasligi kerak. Ehtimol, uning tolei ham mana shu buloqqa oʻxshab, baland bir nuqtadan qayta koʻz ochar. Balki bu baland nuqta she’riyatdadir?

Bir kuni peshin kechroq Bobur Osmon Yaylov bulogʻi boʻyida mana shu xayollarga gʻarq boʻlib yolgʻiz oʻtirganda, katta-katta ikkita boʻribosar itni ergashtirib bir choʻpon yigit kelib qoldi. Oyogʻida choriq, boshida qizil xoshiyali oq qalpoq, beliga katta pichoq osib olgan, qoʻlida qizil irgʻay tayoq. U tosh ustida oʻtirgan Boburga salom berdi-yu, itlarni orqaroqda qoldirib, oʻzi buloqdan kaftida suv olib ichdi. Keyin hoʻl qoʻllarini qalami yaktagining qoʻltiqlariga arta turib, Boburga gap qotdi:
— Ha, joʻra, poshshong ziqnalik qildimi, toqqa yalang oyoq chiqibsen?

Choʻponning «sen-sen»lab gapirgani Boburning qulogʻini tirnab oʻtganday boʻldi. Ammo oʻzini bosiq tutib:
— Qaysi podshohim? — deb soʻradi.
— Bobur degan bir podsho Dahkatda yurgan emish. Sen oʻshaning odamlaridanmisen?

Bobur eski kiyimlarini kiyib chiqqan, oʻzi togʻ oftobida kuyib qoraygan, ammo uning yuzida, qoʻllarida asilzodalarga xos bir nazokat borligi bilinib turardi. Choʻpon uni podshohning mulozimlaridan deb oʻylamoqda edi. Bobur oʻzini tanitgisi kelmay:
— Ha, — dedi.

Choʻpon irgʻay tayogʻiga keng koʻkragini tirab, Boburga sinovchan nazar bilan tikildi:
— Podshongga juda sodiqmisen?

Bobur miyigʻida kulib:
— Men oʻzimga sodiq boʻlsam bas, — dedi.
— Podshong ham seni yomon koʻrsa kerak-da, xor qilib qoʻyibdi.

Endi Bobur choʻponning yuziga tikilib qaradi. Betiga hali ustara tegmagan yigirma yoshlardagi yigit. Lekin chuqur koʻzlari qirq-ellik yoshga kirgan va koʻp gʻam chekkan odamnikiday soʻlgʻin, keksanamo.
— Podshohimni muncha koʻp soʻroqlading, biron arzing bormi? — dedi Bobur kulimsirab.

Choʻpon qovoqlarini uyib:
— Men uni mana shu togʻda yakkama-yakka uchratmoqchimen, — dedi.
— Agar uchratsang... Ne gaping bor?

Choʻpon yigitning koʻzlari gʻazab bilan qisildi:
— Otam bilan akamning boshini ne qilgan, shuni soʻrab bilmoqchimen.
— Boshini? Bobur-a?! Sen... sen kimsan oʻzing?
— Chagraklardanmen!

Bobur Andijon togʻlarida yashaydigan chorvador turkiy qabila — chagraklarni eslab hayrat bilan soʻradi:
— Bu yerda ham chagraklar bormi?
— Biz bu yerga Oʻsh tomonlardan qochib kelganmiz. Men oʻshanda oʻn toʻrt yashar bola edim. Bobur kelib otam bilan akamning qoʻylarini, yilqilarini tortib olmoqchi boʻlgan. Choʻponlar: «Bermaymiz!» deb gʻalayon qilgan. Keyin Bobur hammasini oʻldirib, boshlarini kesib ketgan. Onam bilan borsak, oʻn besh-yigirmata oʻlik yotibdi. Boshlari yoʻq. Tanasidan tanib olish qiyin boʻlarkan. Onam dam u tanani quchoqlab yigʻlaydi, dam bu tanani...

Bobur Oʻshning janubida bundan olti yil avval Ahmad Tanbalning qonli xurjunidan lolaqizgʻaldoqlar ustiga yumalab tushgan kallalarni yana koʻz oldiga keltirdi. Oʻshanda uni seskantirib yuborgan yoshgina yigitning kallasi va ustara tegmagan yuzi koʻz oldida qaytadan gavdalandi. Mana bu turgan choʻponning yuzi Boburga birdan oʻsha yuzni eslatdi-yu, kesik boʻyinning qon aralash goʻshtlari xayolida takror paydo boʻlib, borligʻini dahshatga keltirdi. U choʻponga sarosima koʻzlar bilan qarab:
— Ahmad Tanbal oʻldirgan! — dedi. — Sulton Ahmad Tanbal!

Choʻpon tayogʻini koʻkragidan olib, Boburga yaqinroq keldi:
— Sen oʻsha boshlarni koʻrganmiding?
— Ha, yaylovda... Oʻshning yaylovida Ahmad Tanbal oʻsha boshlarni keltirib koʻrsatgan. Bunga olti yil boʻldi... Choʻponlar gʻulu koʻtarib, navkarlardan uch-toʻrttasini oʻldirmishlar. Tanbal oʻshaning qasdiga bosh kesib kelgan edi!
— Tanbal emas! Menga koʻrgan odamlar aytgan! Otamning boshini Bobur kesib ketgan!
— Odamlar yolgʻon aytmishlar! Men... aniq bilamen. Bobur norasida oʻsmir edi. Toqqa Sulton Ahmad Tanbal borgan!

Bobur oʻzini oyoqlayotgan odamga oʻxshab shoshilib gapirayotgani uchun choʻpon yigit endi undan gumonsiradi. Zugʻum qilib:
— Sen oʻzing kimsen? — dedi. — Bobur sening kiming?

Bu savol Boburning etini junjiktirdi. Goʻyo choʻpon hozir undan otasining xunini talab qiladigandek tuyuldi.

Egasining ovozidagi gʻazab va tahdidni payqagan itlar birdan irillab, Boburga tashlanishga tayyorlanishdi. Bobur oʻrnidan sapchib turdi. Qoʻli beixtiyor belidagi xanjarning sopiga bordi.

Lekin uning oyoqlari yalang edi. Itlar eng avval uning oyogʻidan oladiganday koʻrindi. Shu payt u oʻzining yalang oyoq yurganidan qattiq pushaymon boʻldi.
— Nega indamaysen? — dedi choʻpon yana tahdid bilan.

Bobur oʻzini iloji boricha vazmin tutib:
— Ne deyin? Gapimga ishonmasang! — dedi.

Choʻpon itlariga oʻgirilib:
— Toʻrtkoʻz, Boʻynoq, yotinglar! — dedi. Soʻng yana Boburga yuzlandi: — Xoʻsh, gaping chin boʻlsa, mening otamni Boburning oʻzi emas, Tanbal degan beki oʻldirgan. Shundaymi?
— Shundoq.
— Oʻsha bekka kim farmon bergan? Boburmi?
— Bobur bunday boʻlishini bilmagan... Yoshlik qilgan!
— Yana poshshoyingning tarafini olasan-a! Agar men hozir mana bu itlarimga «ol»! — desam, seni tilka-pora qilib tashlagay. Shunda faqat itlar aybdor boʻlgaymi? Bularni olqishlaganim uchun men gunohkor boʻlmasmenmi?

Bobur choʻponning bu gapiga e’tiroz qilib boʻlmasligini sezdi-yu, boshini quyi soldi:
— Balki sen haqlidirsen...
— Kimsen oʻzing? Ayt rostini!

Choʻponning ovozidagi tahdidni sezishib, itlar yana irillashdi. Bobur qoʻrqqanini sezsa, itlar unga tashlanadiganga oʻxshardi. U bor kuchini goʻyo koʻzlariga yigʻib, choʻponga tik qaradi-yu, dadil turib:
— Men Boburmen! — dedi.

Choʻpon quloqlariga ishonmay, uning yalang oyoqlariga yana bir qaradi:
— Nahotki podshoh Bobur sen boʻlsang?!
— Ha, men podshoh edim!
— Hozir-chi?
— Hozir... toju taxt da’vosidan voz kechdim. Endi faqat shoirona hayot kechirmoqchimen.
— Shoshma, shoshma!

Oqsuv boʻyida boʻlgan kechagi toʻyda choʻpon ham bor edi. U xushovoz yosh hofizning Bobur gʻazali bilan aytgan ashulasini tinglab gʻalati boʻlib ketgan edi. Ashula oxirida: Bobur, oʻzungni oʻrgata koʻr yorsizki, men
Istab jahonni, muncha qilib yor topmadim! —
degan satrlar uning esida qolgan edi.

Hozir Bobur bir oʻzi togʻu toshda yolgʻiz yurgani ham uning oʻsha baytini tasdiqlagan koʻrindi-yu, choʻpon itlariga qarab:
— Yot! Boʻynoq, yot! — deb buyurdi. Itlar tinchlangach, yana Boburga koʻz tikib soʻradi: — Shoirliging rost boʻlsa, shu yerda yozgan she’rlaringdan birini ayt-chi?

Bobur yerga qarab oʻylanib oldi-da, boshini koʻtardi.
— Eshit: Ne xesh meni xushlaru ne begona,
Ne gʻayr rizo mendinu ne jonona.
Har nechaki yaxshilikda qilsam afsun,
Xalq ichra yomonlik bilan men afsona.
Ichki tugʻyon bilan oʻrtanib aytilgan bu satrlarning tafti choʻponning birdan yaltirab ketgan koʻzlarida aks etdi.
— Sen ham kuyganlardan ekansen, shoirliginga tan berdim! Agar shu shoirliging boʻlmasa, seni rahmatlik otamning qasdiga itlarimga talatib yuborar edim! Xayr, shoir, omon boʻl!

Choʻpon itlarini ergashtirganicha chagʻatda yoyilib yurgan qoʻylariga qarab ketdi.

Bobur shu kuni Osmon Yaylovdan Dahkatga qanday tushib kelganini bilmaydi. U mash’um oʻtmishidan osonlikcha qochib qutulolmasligini, yomon beklar Boburning nomidan qilgan zolimliklarni odamlar undan koʻrishini oʻylab, vujudini yangi bir bezovtalik chulgʻab oldi. Yoshlikda beklarning ra’yiga qarab qilgan xatolari boyagi ikkita vahimali itning qiyofasiga kirib, hali ham ketidan quvib kelayotganga oʻxshardi.

Dahkatda esa uni yana bir tahlikali xabar kutib turardi. Shayboniyxon qoʻshinlari Oʻratepaga yetib kelgan, shaharga bozor qilish uchun borgan dahkatlik kadxudoni xon kishilari tutib olib kaltaklashgan.
— Bobur yashirinib yurgan joyini koʻrsatasan! — deb talab qilishgan edi. Yuzlari qamchi izidan qontalash boʻlib shishib ketgan ellik yoshlardagi kadxudo tojikchalab:
— Men mehmonimni tutib beradigan ablah emas!— dedi Boburga — Yovlaringizni Oqtangi degan daraga boshlab borib, adashtirib, oʻzim togʻma-togʻ qochib keldim!

Oqtangi Dahkatdan oʻttiz chaqirimcha gʻarbda edi. Xonning iskabtoparlari bugun boʻlmasa, ertaga bu yerlarga yetib kelishi muqarrar. Shayboniyxon Boburning boshini kesib kelganlarga katta oltin va’da qilgan.

Ichki hovlidan Qutlugʻ Nigor xonim chiqdi:
— Boburjon, hammamiz najotni sizdan kutmoqdamiz! Darvishona yurishlarni endi bas qiling. Hamma sizni quvgʻindagi shoh deb bilur, boshqa gapga hech kim ishonmagay. Xon kishilari ham sizni taxtga da’vo qilishi mumkin boʻlgan bir shahzoda deb izlab yururlar. Dahkatliklar ham shuncha vaqt bizga nonu tuz berdilar. Endi bu qishloqni xavf-xatardan qutqarish ham sizning burchingizdir, jonim!

Bobur agar yov bilan bu yerda toʻqnashsa, qishloq oyoqosti boʻlishini oʻyladi. Bu yerda u bilan birga yurgan onasini, bek va navkarlarini yovdan omon saqlash uchun ham, oʻzi boyagi choʻponga oʻxshash qasoskorlarning tasodifiy qurboni boʻlib ketmasligi uchun, dahkatlik kadxudoning tuzini oqlash uchun ham Bobur yana qaytadan qurol-yarogʻ taqishga va odamlariga boshchilik qilishga majbur ekanini, hozir shundan boshqa iloji yoʻqligini his qildi-yu, ogʻir «uh» tortdi:
— Shohlik taqdirimdan yalang oyoq qochib qutulolmas ekanmen! Janob Sherimbek! Siz endi Qosimbekning oʻrnida amiral umarosiz!

Boburni oʻn ikki yoshida Olatogʻ tomonlarga olib qochib ketib qutqarmoqchi boʻlgan keksa Sherimbek togʻoyi quvonib ta’zim qildi:
— Inoyatingizdan sarafrozmen, amirzodam! — dedi.— Buyuring!
— Odamlarimizning barchasiga amrimizni yetkazing. Koʻch-koʻronni yigʻishtirsinlar! Shu bugun kechasi Dahkatdan joʻnab ketgaymiz!
— Muborak buyrugʻingiz alhol ado etilur, amirzodam!

Yana zirhli kiyimlar kiygan, qurol-yarogʻ taqqan Bobur oʻsha kecha togʻdan-toqqa oshib kun chiqish tomonga — Isfaradan naridagi Soʻxga qarab ketdi.

4

Togʻdan tushib kelayotgan Soʻx soyi toshlarga bosh urib shovullaydi. Bobur archazor soʻqmoqdan Oynatogʻ tomonga koʻtarilib boradi. Togʻlarda koʻp yurib har qancha chiniqqan boʻlsa ham, tik soʻqmoq yoʻlda hansirab qoladi. Oynatoqqa yetguncha ikki-uch marta toʻxtab na-fas rostlaydi.

Tabiat moʻ’jizasi boʻlgan bu togʻning silliq toshlarida atrof xuddi oynadagi kabi akslanib turadi. Bobur bu toqqa chiqqanda uning sehrli oynasida oʻz taqdirini koʻrishga intiladi. Qachongacha togʻdan-toqqa oʻtib, chet qishloqlarda Shayboniyxon qilichidan jon saqlarkan? Ana, yashil bogʻlarga burkangan Soʻx, Hushyor qishloqlari. Bular ham chingiziylar hurujidan himoya istab, Boburni uch yuztacha navkari bilan yil boʻyi mehmonday e’zozlab yurishibdi. Bosqinchilarning shum qadamlari hali bu yerlarga yetib kelgan emas. Ular Sirdaryo boʻylarida va Andijon tomonlarida oʻzaro urushlar bilan band.

Bobur quyoshli kunda Oynatogʻ tepasiga chiqib, Qoʻqon tomonlarga oqib ketayotgan Soʻx soyiga tikiladi. Bu soyning suvida tillarang shu’lalar oʻynaydi. Aytishlaricha, Soʻx suvining tarkibida oltin bor ekan, shuning uchun bu suvni ichgan odamning vujudi yayraydi. Nahotki shu Oynatogʻ ham, shu tilloli soy ham — hammasi yana chingiziylar istilosiga giriftor boʻlsa?

Boburning ortidagi qorli togʻlardan sovuq shamol esadi. Uzoqdagi yashil vodiylarga osmondagi oqish bulutlarning soyasi toʻshalib yotadi.

Hozir avji bahor, Fargʻona vodiysi yashil libosda.

Ufqning harir pardasi ortida — koʻz ilgʻamas uzoqliklarda Chotqol togʻlariyu Toshkent vohasi bor. Jizzax va Samarqandni, Margʻilon va Andijonni Bobur hozir goʻyo xayol koʻzi bilan koʻrdi-yu, bir vaqtlar shunday keng dunyoda bexavotir, erkin yurgan paytlarini eslab, yuragini armon timdaladi.

Hozir mana shu ulkan vatanda uning osuda yashaydigan makoni, tayinli bir uyi yoʻq. Hammasi Tanbal bilan Shayboniyxonning qoʻliga oʻtib ketgan. Eshik ogʻa Sherim togʻoyi Boburni Xurosonga ketishga undaydi.

Biroq Bobur ketsa, vatanidan umrbod ayrilishi mumkinligini goʻyo oldindan sezadi. Ilgari tugʻilgan yurtida bemalol yurganda unchalik bilinmaydigan vatan tuygʻusi endi vatanidan ayrilish xavfi tugʻilganda uning butun vujudini qamrab olgan. U mana shu oʻlkani necha qayta u chetidan-bu chetigacha kezib chiqqan, uning har bir chaqirimiga koʻz nurini toʻkib, yoshligini urugʻday sochib oʻtgan. Uning butun umri, butun borligʻi mana shu muazzam zaminga ildiz otgan. Endi bu ildizlarning hammasini qanday yulib olib ketadi? Buning ogʻrigʻiga qanday chidash mumkin?

Ahmad Tanbal bilan Shayboniyxon avval bir-biri bilan ittifoq tuzib, hozir bir-birining payini qirqishga tushgan. Shu kunlarda ular jang qilayotganini Bobur aniq biladi. Zora bu ikkalasi bir-birining boshini yesa-yu, Boburning bekilgan yoʻllari ochil-sa...

Bobur shu umid bilan Andijon tomonga maxsus odamlar yuborgan. U ertayu kech shu odamlarning xushxabar bilan qaytishini kutadi.

Lekin yuborilgan odamlar bir yarim oydan beri qaytmayapti. Nima boʻldiykin? Kutish ogʻir. Kunlar benihoya sekin oʻtadi. Bobur nima qilishini bilmay togʻ yonalarini yolgʻiz kezgani-kezgan. Tadbirkor Qosimbek ketib qolmaganda, balki undan yaxshi bir maslahat chiqarmidi? Jonkuyar safdoshi Noʻyon Koʻkaldosh ham yoʻq — bultur Toshkentning janubidagi Ohangaronda bir nomard uni baland jardan tashlab oʻldirgan. Bir-biridan mash’um xotiralar Boburning xayolida muttasil charx uradi. U intihosiz gʻam-gʻussalar qurshovidan chiqib ketishga intilib, xayolida she’r mashq qilib koʻrdi. Ammo uni bu koʻylarga solgan dahshatli voqealarni qofiyaga solib, ohangdor qilib aytishga xushi kelmadi.

* * *

Kechki payt togʻlarga tuman tushdi. Archazor yonida xayol surib yurgan Bobur pastdagi vodiy yoʻllarini ham tuman toʻsib qoʻyganini koʻrdi-yu, soy boʻyiga keldi.

Quyuq tuman dunyoni allanechuk tor va sovuq qilib qoʻydi. Soʻx soyining yuqori-pastlari ham koʻzdan yoʻqoldi. Tezoqar togʻ daryochasining qayoqdan kelib, qayoqqa ketayotgani endi faqat uning toshlarga urilib shovullashidan bilinar edi, xolos.

Boburning hozirgi qarorgohi mana shu soyning yaqinida — keng bir sayhonlikda edi. Balandroq bir joyda uning qizil movut chodiri bor. Chodirning oʻng yonida Qutlugʻ Nigor xonimning sakkiz burchakli oq oʻtovi turipti. Qolgan yigirma-oʻttizta oʻtov va chodirlar ularning nari-berisiga oʻrnatilgan. Sovuq tuman ichida chodir va oʻtovlar goʻyo bir-birlaridan uzoqlashib ketganday va hammasini mogʻor bosayotganday koʻrinardi.

Bobur yoʻlida uchragan odamlarning ta’zimlariga indamay bosh irgʻab oʻtdi-yu, Mamadali kitobdorning oʻtovi tomonga burildi. Bu yerda Bobur doim oʻz koʻchi bilan birga olib yuradigan kitoblari saqlanar edi. Besh-olti tuyaga yuk boʻladigan nodir kitoblar qalin charm qoplangan maxsus sandiq va qutilarga yogʻin-sochin oʻtmaydigan qilib joylangan edi. Keksayib qolgan boʻlsa ham hamma safarlarda Bobur bilan birga yuradigan zaxil yuzli ellik besh yashar Mamadali kitobdor kitoblarni xuddi chaqalogʻini avaylaydigan onaday avaylab-asrar edi. U Boburga ta’zim qilib:
— Buyuring, amirzodam! — dedi.

Bobur tarixiy kitoblardan bir-ikkitasining nomini aytdi.

Mamadali kitobdor kitoblarga qoʻl urishdan oldin qoʻlini yaxshilab yuvadigan odati bor edi.
— Siz muntazir boʻlmang, qulingiz elturmen!

Bobur oʻtovdan chiqib oʻz chodiriga kirdi. Oradan ancha vaqt oʻtganidan keyin Mamadali kitobdor aytilgan kitoblarni ipak matoga oʻragan holda ikki qoʻllab koʻtarib kirdi-yu, toʻrdagi miz ustiga sekin qoʻyib, orqasi bilan yurib chiqib ketdi.

Bobur mashhur sarkardalar va shohlarning hayotlari haqidagi tarixiy kitoblarni varaqlar ekan, murakkab jumlalar, jimjimador oʻxshatishlar, afsona va rivoyatlar orasidan chinakam boʻlgan va odamni ishontiradigan voqealarni izlardi. Lekin koʻpchilik kitoblarda nuqul gʻalabalar dabdabali uslub bilan kuylanardi.

Ehtimol, hozir Shayboniyxon haqida ham mana shunday dabdabali kitoblar yozilayotgandir. Bobur Binoiyning yana Shayboniyxon tomoniga oʻtib ketganidan, Muhammad Solih esa «Shayboniynoma» degan she’riy kitob yozayotganidan xabardor edi. Ular Shayboniyxonning Bobur bilan olishuvlarini qanday yozisharkin? Mana bu kitoblardagi kabi gʻolibni koʻklarga koʻtarib maqtashsa, Boburga boʻlmagan ayblarni taqib, uni yomonlashsa, keyin odamlar haqiqatni qayerdan biladi?

Bobur nuqul zafar tantanalarini kuylagan jangomalarni bir chetga surib qoʻydi. Soʻng oʻrnidan turib, oʻzining «Vaqoi’» deb atalgan xotira daftarlarini sandiqdan oldi.

Qiziq: soʻnggi marta daftarga Bobur oʻzining Samarqandni Shayboniyxondan qanday tortib olganini yozganu keyin unga qoʻl urmagan edi. Demak, keyingi magʻlubiyat va sargardonliklarni uning oʻzi ham yozishni istamagan ekan! Ammo bular daftarga yozilmagani bi-lan Boburning xotirasida muttasil takrorlanib yuribdi-ku. «Isitmani yashirsang, ichga urar», deydilar. Bobur qilgan xatolarini daftaridan yashirgani bilan ular har kuni ne-cha qayta yangi-yangi tafsilotlari bilan xayolidan oʻtib, qalb yarasini tirnagani-tirnagan. Bundan koʻra hamma voqealarni rostgoʻylik bilan mana bu daftarga yozsa, balki oʻshanda isitma tashiga chiqib, dili xiyol yengillashar?

Bobur daftariga Saripulda qanday magʻlub boʻlganini, keyin qanday xoʻrliklar koʻrganini yoza boshladi.

U bu ishni goʻyo oʻzi uchun, oʻz vijdoni oldida hisob bergisi kelib qilardi. Shuning uchun boya oʻqigan kitoblaridagi jimjimador, balandparvoz uslub bu yozuvlarga mutlaqo yarashmasligini sezardi. Shu sezgi ta’sirida kitoblari orasida turgan Shomiyning «Zafarnoma»sini qoʻliga olib varaqladi.

Bu kitobning muqaddimasida Shomiyning Amir Temurdan qanday topshiriq olgani hikoya qilingan edi. Sohibqiron jangnomalar va tarix kitoblarida koʻp uchraydigan hashamdor takalluflarni suymas ekanlar, ortiqcha lof urishlar, mubolagʻalar ichida haqiqat yoʻqolib ketishini, dabdabali uslub chindan sodir boʻlgan voqealarning ma’no va mohiyatini odamlardan toʻsib qoʻyishini aytgan ekanlar. «Shuning uchun siz bor haqiqatni aniq ravon qilib yozing, toki uning ma’nosini avom xalq ham anglagay, xos kishilar ham maqbul koʻrgay», — deb sohibqiron Shomiyga maxsus tayinlagan ekanlar.

Afsuski, Shomiy bu topshiriqni toʻliq uddalay olmagan ekan. Amir Temur uning «Zafarnoma»sini oʻqiganda qanoatlanmaganini Bobur onasi in’om qilgan sandiqdagi boshqa qoʻlyozma manbalardan bildi. Ehtimol, shundan soʻng Amir Temurning koʻrgan-kechirganlari va yaratgan tuzuklari uning oʻz tilidan aniq, iliq va ravon uslubda bayon etilgandir?

Hozir Boburning diliga eng yaqin uslub mana shu edi. U xotira yozishda ham sohibqiron bobokalonidan saboqlar olar, boshidan kechirgan barcha hodisalarni, yutuq va xatolarini eng ishongan sirdoshiga aytib dardlashgan kabi samimiyat bilan qalam tebratardi. Faqat uning endigi sirdoshi — Oʻziyu mana shu daftari edi. «Koʻnglimdan oʻzga mahrami asror topmadim!» deb gʻazal bitgan Bobur endi barcha koʻrgan-kechirganlarini mana shu mahramiga roz aytganga oʻxshab xotira yozardi.

Bu rozlar orasida faqat jabru jafolar emas, yodga tushganda koʻngilni koʻtaradigan voqealar ham yoʻq emas edi. Boshiga tushgan koʻrguliklar Boburni nihoyatda chiniqtirgan, goho yalang oyoq qor kechib yurar, ammo shamollash nimaligini bilmas edi. Shu haqdagi bir lavhani daftariga yozib qoʻydi:

«Xashtiyak kenti yaqinida mahkam zarb sovuq edikim, ikki-uch kishi sovuqning shiddatidan oʻlub edi. Manga gʻuslga ehtiyoj boʻldi. Bir ariq suvidakim chekkalari qalin muz toʻngʻib edi, oʻrtasi suvning tezligidan yax bogʻlamaydur edi, bu suvga kirib gʻusl qildim, oʻn olti qatla suvga choʻmdim».

Oʻshandagi sovuqning ta’siri yodiga tushib, eti yana bir junjikdi, lekin oʻn olti marta muz orasiga choʻmgan boʻlsa ham, sogʻ-salomat qolgani — vujudida qanchalik pahlavonona kuch-quvvat yigʻilganidan dalolat berishini oʻylab suyunib qoʻydi.

Ammo shundan keyingi voqealarni qalamga olganda Ahmad Tanbalga in’om qilgan bagʻdodiy qilichi aylanib kelib Boburning joniga qasd qilgani koʻz oldida tahlikali tarzda gavdalandi.

Oʻsha yili Bobur Ahmad Tanbal bilan qaytadan jangga kirishib, Oʻsh va Oʻzganni qoʻlga kiritgan, Andijon yaqinida uning askarlariga shikast yetkazib, qoʻrgʻon ichiga chekinishga majbur qilgan edi.

Biroq kechasi Bobur qorovullikka tayin etgan nav-karlar beparvolik qilib uxlab qolganmi yoki tunda Tanbal bilan yashiriqcha til biriktirganmi, har qalay, tong qorongʻisida kimdir «Yogʻiy bosdi!» deb qichqirdi-da, ura qochdi. Xakan arigʻi yaqinida ochiq joyda uxlab yotgan odamlar choʻchib uygʻonishdi-yu, vahima ichida tum-taraqay boʻlib ketishdi. Bobur tez otga minib, yoni-veriga qarasa, oʻntacha odami qolibdi. Nariroqda yovning jangdovullari qochganlarning ketidan oʻq otyapti:
— Toʻxta! Qaytinglar! — deb qichqirdi Bobur oʻz odamlariga. Ammo hech kim qaytmadi.

Yov jangdovullari ozdek koʻrindi. Bobur yoydan ularga qarab oʻq otdi. Jangdovullar qochdi. Bobur ularni quvish bilan boʻlib, daraxtlar orasidan chiqib kelgan yuzga yaqin otliqlarni ancha kech koʻrdi.

Tong yorishib qolgan edi. Hammadan oldinda qoʻlida qalqon tutgan, qilich yalangʻochlagan Ahmad Tanbal kelmoqda edi.

Bobur uni tanigach, otining jilovini tortib, yon-veriga qaradi. U bilan faqat Tohir va yana ikkita yigit — uchtagina jangchi qolgan edi. «Toʻrt kishi bularga bas kelolmaysen, qoch!» dedi ichki bir ovoz.

Ammo shuncha xiyonatlar qilgan, doim qochib qutulib yurgan Ahmad Tanbal endi birinchi marta yuzma-yuz kelganda undan qoʻrqib qochishga oriyat yoʻl bermadi. Oriyat oʻlimdan yomon deb, bejiz aytmagan ekanlar. Bobur darhol jilovini qoʻyib yuborib, kamoniga oʻq oʻrnatdi. Ahmad Tanbal qilichini sugʻurayotganda Bobur uning qisiq koʻzlarini moʻljalga olib oʻq otdi. Oʻq Tanbal boshiga kiygan zirhli dubulgʻaga qarsillab urildi, uni teshib oʻtolmagan boʻlsa ham, Bobur xiyonatkor dushmanining boshiga musht tushirganday boʻldi. Bobur chapdastlik bilan yoyga yana oʻq oʻrnatib, uning bezraygan yuziga toʻgʻrilab otdi. Tanbal yuzini qalqoni bilan toʻsishga ulgurdi. Bobur otgan ikkinchi oʻq qalqon orqali Tanbalning yuziga urilgan tarsakidek ovoz chiqardi. Bu orada Tanbalning yonidagi kishilar Boburga ham yoydan oʻq yogʻdirdilar. Bir oʻq uning tizzasidan pastroq boldiriga qadaldi. Ahmad Tanbalning oʻzi otini «chu-chulab» qoʻlida qilichi bilan Boburga baqamti keldi. Bobur yarador oyogʻining «jizillab» kuyib ogʻriganini va Ahmad Tanbalning qoʻlidagi qilich allanechuk tanish ekanini bir vaqtda his qildi. Bu — Boburning nomidan Ahmad Tanbalga in’om qilingan egik bagʻdodiy qilich edi. Bu qilichni oʻpib, Boburga sadoqatli boʻlish haqida qasamyod qilgan Ahmad Tanbal nahotki endi uni egasiga qarshi koʻtarsa? Bobur buni oʻylashga ham ulgurmasdan qilich uning boshidagi dubulgʻaga kelib tushdi. Boburning koʻzlaridan goʻyo olovli uchqunlar sochilib ketdi, boshi birovning boshidek hissiz boʻlib qoldi. Qilichning tigʻi dubulgʻa kiygizini kesib oʻtolmagan boʻlsa ham bosh yaralangan edi. Boburning boʻyniga dubulgʻa chetidan qon sirqib tushdi. Boldiridagi yaradan etigi issiq qonga toʻlmoqda edi.

Ahmad Tanbal gʻolibona hayqirib qilichini yana koʻtardi. U endi oʻtkir qilichini Boburning zirhli kiyimlari orasidan sal-pal koʻrinib turgan boʻyniga urmoqchi va boshini kesib tushirmoqchi edi. Shu payt ortdan Tohir yetib keldi-yu, Bobur mingan boʻz otning jilovini siltab tortdi. Bedov ot oʻrnidan sakrab qoʻzgʻolar ekan. Ahmad Tanbal boʻynini moʻl urgan qilich Boburning yoy-oʻqlari solingan saqdogʻiga tegib, uni shart kesib tushdi.
— Amirzodam! Jilovni oling! — qichqirdi Tohir.

Oʻzi esa Boburning otiga qamchi bosdi.

Qamchi yeb oʻrganmagan uchqur bedov oldinga oʻqday otilib, egasini balo-qazodan olib chiqib ketdi.

Yarador Bobur Oʻshga qaytdi, ancha kungacha boshi gʻuvillab, oyogʻi choʻloqlanib yurdi.

Lekin uni yara ogʻrigʻidan ham ortiq qiynagan dard— Qosimbekning taklifi bilan Tanbalga in’om etilgan bagʻdodiy qilichning aylanib kelib oʻz boshiga tushganligi edi. Qotilga kim qilich bersa oʻzi uning tigʻiga duchor boʻlarkanmi? Biroq dunyoda adolat boʻlsa, shuncha qotilliklar, shuncha xiyonatlar qilgan Ahmad Tanbalga nega qasos qaytmaydi?

Bobur shu oʻylar bilan xotira yozishga berilib ketib, qorongʻi tusha boshlaganini ham sezmadi. Savdarlar oltin qandildagi shamlarni yoqdilar. Boburga kechki ovqat keltirdilar. U yolgʻiz oʻtirib ovqatlandi. Xotira yozganda unga oʻz hayoti avvalgidan iliqroq va ma’noliroq tuyulgan edi. Bekor oʻtirganda esa yana oʻsha ogʻir oʻylar, sovuq pushaymonlar xayoliga bosib kela boshladi. Bobur ulardan tezroq qutilgisi kelib, yana qalamini qoʻliga oldi.

Keyin yarim tungacha daftaridan bosh koʻtarmay soʻnggi yilning voqealarini yozdi.

* * *

Atrofdagi oʻtovlar jim, hamma uyquda.

Tun sukunatida otning dupuri, itlarning hurishi eshitildi. Qarorgohning chetiga qoʻyilgan qorovul zarda qilib:
— Toʻxta! Kimsen? — dedi. Oʻronni[19] ayt!
— Oʻron — Andijon.

Qorovulning ovozi yumshadi:
— Andijon boʻlsa kelaver. Ovozingdan Tohir chopuqqa oʻxshaysenmi?
— Ha, Tohirmen.
— Bemahalda yolgʻiz yuribsen?
— Meni gapga tutma. Mirzo hazratlariga shoshilinch xabar keltirdim.

Tohir qorongʻida Boburning chodirini tusmollab topdi-yu, otini beriroqdagi qoziqqa bogʻladi. U avval soqchilarni yoki mulozimlarni uygʻotmoqchi boʻlib, chodirning roʻparasidagi oʻtovga qarab oʻta boshladi. Shunda chodirning ichi yorugʻ ekanini, eshik oʻrniga tutilgan parda ochilib, Bobur chiqib kelganini koʻrdi. Tohir Boburning qarshisiga kelib yukundi. Past tovush bilan:
— Amirzodam, muntazir qilganim uchun afv eting,— dedi. — Yogʻiylaringizning urushi endi tugadi.

Bobur sabrsizlanib soʻradi:
— Xushxabar bormi? Nechun yolgʻiz qaytdingiz?

Tohir boshini quyi solib, hazin tovush bilan dedi:
— Bir qoshiq qonimdan keching, amirzodam!..

Bobur sovuq xabarlar izgʻirinini oldindan sezganday eti uvushdi:
— Qani ichkari kiring.

Savdarlar uxlab qolgan. Bobur hech kimni uygʻotgisi kelmadi. Baland, keng chodirning toʻrida toʻrt-beshta sham lipillab yonib turibdi.

Bobur sham yorugʻida Tohirga endi zehn solib qaradi. Chakmonining etaklariga loy sachragan. Ozib ketganidan yelkalari puchayib qolgan, koʻzlari ichiga oʻpirilib tushgan. Yuzidagi chandigʻi esa boʻrtib, goʻyo avvalgidan xiyla katta boʻlib ketgan. Lablari pirpirab, oʻpkasi toʻlib gapirdi:
— Amirzodam, Andijon ham Shayboniyxonning ilkiga oʻtdi. Behisob koʻp odam qirildi. Hamrohim qirgʻinda halok boʻldi.

Tohir shunchalik charchagan ediki, gavdasi chayqalib, oyoq ustida zoʻrgʻa turar edi. Soʻnggi umididan ham ayrilib boʻshashgan Bobur koʻrpacha ustiga oʻtib oʻtirdi-yu, Tohirni ham oʻtirishga taklif qildi.

Tohir gilam ustiga choʻkkalab oʻtirgach, Bobur undan voqeaning tafsilotini va Ahmad Tanbal nima boʻlganini soʻradi.

Tohir Andijon yaqinidagi Xoʻja Katta degan qishloqda boy bir odamga aravakash boʻlib yollangan, oʻzining kimligini bildirmay butun hodisalarni odamlardan soʻrab bilgan, boyning shahardagi doʻkoniga mol olib borganda koʻp narsani oʻzi ham koʻrgan edi.

Ahmad Tanbal Andijon etagida boʻlgan jangda shikast yegandan keyin qoʻrgʻonga kirib bekinadi. Qamal boshlanadi. Qoʻrgʻon ichida ochlik, kasallik va nifoq kuchayadi. Bir vaqtlar Samarqandda Boburni tashlab, Ahmad Tanbalga ergashib qochgan bek va navkarlar endi uning oʻzini tashlab, Shayboniyxon tomoniga qochib oʻtadilar. Xonning qoʻshini devorga shoti qoʻyib chiqib, qoʻrgʻonni bosib oladi.

Ahmad Tanbal akasi Bek Tilba, ukalari va boshqa odamlari bilan arkka kirib bekinishadi. Biroq arkning atrofida uylar koʻp, ularga orqadan shoti qoʻyib tomiga chiqish oson. Ahmad Tanbal arkda jon saqlayolmasligini sezadi-yu, Shayboniyxondan shafqat soʻrashga qaror beradi. «Yiqqan barcha oltinlarimni hazrati xonga moli amon tariqasida toʻlamoqchimen, umrbod xizmatlarida boʻlmoqchimen, qonimdan kechsinlar!» deb arkdan bir moʻysafidni vakil qilib chiqaradi. Ammo moʻysafid arkka qaytib kelmay yoʻq boʻladi. Xon askarlari arkning tomlari ustiga shoti qoʻyib chiqa boshlaydilar. Talvasaga tushgan Ahmad Tanbal aka-ukalari bilan birga arkning darvozaxonasiga boradi. Taslim boʻlganlarini koʻrsatish uchun qilichlarini boʻyinlariga osib, darvozadan tashqariga shafqat soʻrab chiqadilar.

Ark darvozasi oldida Shayboniyxonning oʻgʻli Temur Sulton turgan ekan. Navkarlariga: «Asir olma, arzimaydi, qir hammasini!» — deb buyruq beradi. Ahmad Tanbalni aka-ukalariga qoʻshib, qilich bilan chopib, burdalab tashlaydilar. Keyin boshlarini kesib bir qopga tiqadilaru Shayboniyxonga koʻrsatgani olib ketadilar.

Tohirning hikoyasi shu yerga kelganda Bobur:
— Yo xudoyo tavba! — deb beixtiyor yoqasini ushladi.

Soʻnggi paytlarda Boburni ezib yurgan javobsiz savollardan biriga hozir goʻyo momaqaldiroqday vahimali javob kelgan edi. Xoʻja Abdulladay mard, fidokor odamni qoʻrgʻon darvozasiga osib oʻldirgan Ahmad Tanbalning oʻzi endi oʻsha qoʻrgʻondagi ark darvozasi oldida itday xor boʻlib oʻlgan edi! Bobur in’om qilgan qilichni uning boshiga razilona urgan Tanbal endi boshqa qilichlar zarbidan burdalangan edi!

Togʻdagi chagraklarning boshini vahshiylarcha kesib, xurjunga solib kelgan Tanbalning oʻz boshini yanada vahshiyroq bir tarzda kesib, qopga solib ketgan boʻlsalar, uni, albatta xonga eltib koʻrsatganlar.

Bobur qopdan Shayboniyxonning oyogʻi tagiga yumalab tushgan tanish kallalarni koʻz oldiga keltirdi. Mahmudxonda eshik ogʻa boʻlib yurgan Tilba Sultonning yoʻgʻon boʻyinli semiz boshini Shayboniyxon tanigan boʻlsa kerak. Ammo xon Ahmad Tanbalning kallasini tanimaydi. Shayboniyxon oʻzini shuncha ovora qilgan Ahmad Tanbalning basharasini koʻrib qoʻygisi keladi, ammo yuztuban tushgan qonli kallaga qoʻl urgisi kelmaydi. Ahmad Tanbalning qonli kallasini oyogʻining uchi bilan yumalatib oʻnglab, siyrak soqoliga, suyagi boʻrtgan keng yuziga qaraydi. Bobur oʻzicha tasavvur etgan bu hodisadan aqli shoshib:
— Obbo! Obbo! — deb bir necha marta takrorlab qoʻydi.

Bu hodisalarda qandaydir oʻzgacha bir adolat borligini sezgan Bobur boshqa voqealarni aqliga sigʻdirolmay lol boʻlib qoldi. Shayboniyxon berahmlikda Ahmad Tan-baldan ham oʻtib tushgan-ku. Nahotki falak intiqom qilichini shunday shafqatsiz xonning qoʻliga berib qoʻysa? Bir vaqtlar Bobur orzu qilgan, ammo yetisholmagan ulkan maqsadga — Movarounnahrdagi parokanda viloyatlarni birlashtirib, yagona kuchli davlat barpo etish maqsadiga — endi Shayboniyxon yetishmoqdami? Nahotki buning uchun Shayboniyxonday makkor, zolim va shafqatsiz boʻlish kerak edi? Tohir Andijonda xonning buyrugʻi bilan boʻlgan qirgʻinning tafsilotini aytib berganda Boburning sochlari tikka boʻlib ketdi. Minglarcha ayollar, oʻsmirlar, chollar Ahmad Tanbalning odamlari qatorida bekordan-bekorga nobud qilingan edi. Nahotki hozirgi zoʻrlar zamonasida yengib chiqish uchun Shayboniyxonday zoʻravonliklar qilish shart boʻlsa?!

Bobur ma’rifatli shoh boʻlishga urinib, she’ru san’atga koʻp vaqt berib, insofu diyonatni oʻylab, nahotki shu tufayli Shayboniyxonga yutqizgan boʻlsa?!
— Amirzodam, xon kishilari sizni soʻroqlab yurganlarini eshitdim. Aygʻoqchilari hid olib Soʻxga kelib qolsalar ham ajab emas!

Bobur ota yurtidan batamom ajralganini endi astoydil his qildi. Ahmad Tanbalning magʻlubiyati buloqning koʻziga tushgan yangi bir koʻchki edi. Togʻning bu tomonida buloq qaytadan koʻz ochishi mumkin boʻlgan yoʻllarning hammasi bekildi. Agar Bobur tezroq togʻ oshib Xurosonga ketmasa, Shayboniyxon aylanib oʻtib, uning soʻnggi yoʻlini ham bekitadi!

Bobur iztirob ichida Tohirning oddiy bir navkar ekanligini ham unutdi-yu, unga hasrat qilib gapirdi:
— Xonumondin ayrilganimiz ozmidi? Endi vatandin ham judo boʻlurmizmi?!

Boburning koʻzi yoshlanganini koʻrgan Tohirning ham koʻngli buzilib, lablari pirpira-di:
— Amirzodam, musofirlik gʻami mening ham yurak-bagʻrimni oʻrtaydi. Bizning Quvalar ham xonning posh-nasi tagida majaqlandi. Agar borsam mendan Fozil tarxonning qasdini olishlari aniq. Biz ham kindik qoni tomgan joydan ayrildik, amirzodam. Musofirlik taqdirimizda bor ekan. Soʻxda ham musofirmiz. Hisorga borsak ham, undan nariga ketsak ham shu musofirlik... Yoʻlda kelayotib oʻylanib keldim. Men sizdan ajralmayman, amirzodam!

Tohir butun najotni odil podshohdan izlaydigan dehqontabiat yigit ekanini Bobur bilardi.
— Lekin men siz kutgandek odil podshoh boʻlolmadim! — dedi Bobur. — Kelgusida boʻlamenmi, yoʻqmi, hali noma’lum...

Oraga bir lahza sukunat choʻmdi. Tashqarida Soʻx soyi goʻyo tun sukunatidan figʻoni chiqib shovullardi.

Chodir ichida quvgʻindagi shoh bilan uning oddiy navkari yuzma-yuz oʻltiribdi. Vatandan ajralish musibati oldida ularning oralaridagi katta farq goʻyo kichrayib, ahamiyatsiz boʻlib qolgan. Boshlariga tushgan koʻrgiliklar ularning taqdirlarini bir-biriga oʻxshash qilib qoʻygan. Shuncha yil jangu jadallarda birga yurib, qanchadan-qancha oʻlim xavflarini birga kechirgan bu ikki yigit bugun birinchi marta sirdoshlarcha ochiq soʻzlashmoqda edilar. Tohir boshqa vaqtda Boburga aytolmaydigan soʻzlarini hozir koʻngli yumshab, erib turgan paytda aytdi:
— Amirzodam, men bir navkaringiz boʻlsam ham sizga tugʻushqonimdek mehr qoʻyganmen. Botirligingizgami, shoirligingizgami, odamgarchiligingizgami, ishqilib, mening... sizga ixlosim zoʻr! Sizning shuncha xavfu xatarlardan omon qolganingiz ham katta davlat!

Shu topda Tohir suyukli inisiga mehri toblanib, ogʻir paytda uning koʻnglini koʻtarayotgan jonkuyar akaga oʻxshar edi. Darhaqiqat, u Boburdan yetti yosh katta edi. Bobur ham bir lahza shohligini unutib, Tohirga xuddi akasiga qaraganday qaradi:
— Meni juda koʻp xatarlardan siz olib qolgansiz. Men sizdan koʻrgan yaxshiliklarimning oʻndan birini ham qaytargan emasmen. Siz menga ogʻamdek qadrdonsiz.
— Rahmat sizga.
— Lekin hozir mening koʻnglim yer bilan yakson. Taqdir menga iste’dod bergan, kuch bergan, gʻayrat bergan, ammo nechun baxt bermagan?!
— Bu zamonda baxt oʻzi yoʻq, amirzodam! Axir sizdek nodir iste’dodlar dunyoga har kuni kelmaydi-ku! Nodon tojdorlardan qon yigʻlagan elyurtimiz sizdek ma’rifatli sarkardaga mushtoq. Lekin baxil zamona gʻalabani zolim xonga berib, bizni, mana vatanimizdan ham judo qilmoqchi. Ilohim bu baxil zamonaning bogʻlari qurib ketsinu sizu bizning qadrimizga yetadigan yaxshi zamonlar ham kelsin! Endi... amirzodam, bu yerdan tezroq ketish kerak. Hirot ham bizga begona yurt emas. Podshoh Husayn Boyqaro sizning qarindoshingiz. Mening togʻoyim mavlono Fazliddin ham Hirotda ekan...

Bobur Xurosonga ketmay iloji yoʻqligini oʻyladi-yu, oshib oʻtishi kerak boʻlgan togʻlarni koʻz oldiga keltirdi. Uzoqdan moviy tusga kirib behad jozibali koʻrinadigan bu togʻlar tik dovonlardan, xatarli uchmalardan oʻtishi kerak boʻlgan odamga qanchalik tund va berahm koʻrinadi! Hozir Boburning tasavvurida baland choʻqqilarning asriy qorlari kafanday beharakat va sovuq, oʻlimday abadiy boʻlib gavdalandi.
— Xatarli yoʻllarda men oʻz jonimni avval xudoga, soʻng sizga ishonib topshirmoqchimen. Bugundan boshlab siz mening qoʻrchiboshimsiz. Ichki beklarim qatorida boʻlursiz.
— Inoyatingizdan minnatdormen, amirzodam!
— Hozir bu inoyatning sharafidan azobi koʻproq. Yoʻlda charchagansiz. Borib dam oling. Ertadan safar tayyorligi boshlanur.

Tohir ta’zim qilganicha chiqib ketdi.
— Rahmat sizga.
— Lekin hozir mening koʻnglim yer bilan yakson. Taqdir menga iste’dod bergan, kuch bergan, gʻayrat bergan, ammo nechun baxt bermagan?!
— Bu zamonda baxt oʻzi yoʻq, amirzodam! Axir sizdek nodir iste’dodlar dunyoga har kuni kelmaydi-ku! Nodon tojdorlardan qon yigʻlagan elyurtimiz sizdek ma’rifatli sarkardaga mushtoq. Lekin baxil zamona gʻalabani zolim xonga berib, bizni, mana vatanimizdan ham judo qilmoqchi. Ilohim bu baxil zamonaning bogʻlari qurib ketsinu sizu bizning qadrimizga yetadigan yaxshi zamonlar ham kelsin! Endi... amirzodam, bu yerdan tezroq ketish kerak. Hirot ham bizga begona yurt emas. Podshoh Husayn Boyqaro sizning qarindoshingiz. Mening togʻoyim mavlono Fazliddin ham Hirotda ekan...

Bobur Xurosonga ketmay iloji yoʻqligini oʻyladi-yu, oshib oʻtishi kerak boʻlgan togʻlarni koʻz oldiga keltirdi. Uzoqdan moviy tusga kirib behad jozibali koʻrinadigan bu togʻlar tik dovonlardan, xatarli uchmalardan oʻtishi kerak boʻlgan odamga qanchalik tund va berahm koʻrinadi! Hozir Boburning tasavvurida baland choʻqqilarning asriy qorlari kafanday beharakat va sovuq, oʻlimday abadiy boʻlib gavdalandi.
— Xatarli yoʻllarda men oʻz jonimni avval xudoga, soʻng sizga ishonib topshirmoqchimen. Bugundan boshlab siz mening qoʻrchiboshimsiz. Ichki beklarim qatorida boʻlursiz.
— Inoyatingizdan minnatdormen, amirzodam!
— Hozir bu inoyatning sharafidan azobi koʻproq. Yoʻlda charchagansiz. Borib dam oling. Ertadan safar tayyorligi boshlanur.

Tohir ta’zim qilganicha chiqib ketdi.

Boburning uyqusi kelmas edi. U yana chodirdan chiqdi. Kunduzgi tuman tarqab ketgan, lekin osmonda bulut bor. Yulduzlar onda-sonda koʻrinib qoladi. Soʻx soyi osmonni boshiga koʻtarib shagʻirlaydi. Tunda togʻlarning qorasi kunduzgidan haybatliroq koʻrinadi.

Bobur qop-qora togʻlarga tikilib turganda yana koʻchki bosgan buloq esiga tushdi. Togʻlarning bu tomonida hamma yoʻllari bekilgan buloq endi togʻlarning naryogʻidan koʻz ochib chiqa olarmikin? Ulugʻtogʻdan narida bahaybat Pomir. Undan narida Himolay va Hindikush...

Buloq bu togʻlarning hammasidan oʻtib borib, nar-yoqlarda qaytadan koʻz ochishi uchun qanchalik katta kuch-qudrat kerak!

Taqdir Taqozosi (Ikkinchi Qism)

Hirot - Dovuldan Oldingi Osudalik

1

Xazonrezlik payti. Hirot bogʻlariga suv beradigan Hiriyrud daryosi va Injil anhorining qirgʻoqlariga za’faron yaproqlar toʻkilgan. Qal’a tashqarisidagi mashhur Bogʻi Jahonoro, Bogʻi Muxtor, Bogʻi Zubayda, Bogʻi Chamanlardagi uzumzor va anorzorlar yoz boʻyi koʻtarib turgan mevalaridan ayrilib, yakkam-dukkam qovjiroq barglar bilan soʻppayib qolganlar.

Biroq bu janubiy shaharda kuzning xazonrezlik odatiga boʻysunmaydigan daraxtlar ham koʻp. Hirotga Qandahor tomonidan kelishda yoʻl boʻyidagi xiyobon va sayrgohlarda oʻsgan minglarcha sarvlar, sanobar[20] daraxtlari kuzda ham bahordagidek yashnab turibdi. «Husayn Boyqaro hovuzi» deb atalgan ulkan toshhovuz boʻyida kumushrang jajji yaproqlari qush tilini eslatadigan baland va goʻzal lisonittayr daraxtlari bor — bular ham xazon nimaligini bilmaydi.

Lisonittayrning barglari yara-chaqaga doriligini eshitgan Tohir hovuzdan beriroqda otdan tushdi-yu, jilovini yoshgina navkariga tutqizdi. Soʻng oʻzi hovuzning xilvatroq tomoniga oʻta boshladi. U dorivor barglardan yulib olib ketmoqchi boʻlib tepadagi shoxlarga tikilib borayotganda qarshidan kimdir:
— Menga qarang, bek yigit! — deb qoldi.

Tohir daraxtning yoʻgʻon tanasi ortidan chiqib kelayotgan mullanamo kishini koʻrdi. Nimasidir Fazliddin togʻasini eslatib, yuragini hapriqtirdi. Ammo soqolining uzunligi-yu, yuzining keksanamo koʻrinishi Tohirni shubhaga soldi. U odob bilan:
— Labbay, — deb salom berdi.

Tohirning yuzidagi xanjar iziga tikilib turgan haligi kishi endi uning ovozini ham tanidi-yu:
— Tohir! Jiyanim! — deb qichqirib yubordi.

Tohir ham endi togʻoyisini tanib, quchoq ochganicha unga qarab otildi. Hovuzning shishaday tiniq suvida ularning akslari bir-biriga qoʻshilib ketdi.
— Vatanimning hidini olib kelgan jiyanim! Xudoga shukr, eson-omon ekansen!

Mavlono Fazliddin jiyanini quchogʻidan qoʻydi-yu, koʻzidan yuziga oqib tushgan quvonch yoshlarini artib, Tohirning kumush kamariga, beklar taqadigan qimmatbaho xanjariga va saqorlot chakmoniga endi razm solib qaradi. Tohirning boshidagi dubulgʻaning tepasida ham beklarga xos kichkina bayroqcha bor edi.
— Jiyanim, martabang oshibdimi?
— Ha, togʻa, qoʻrchibegimen.
— Muborak boʻlsin. Ilohim senga yomon beklarning ta’siri urmasin!
— Bobur mirzo ham yomon beklaridan bezgandan keyin bittasining oʻrniga meni qoʻydi... Xoʻsh, oʻzingiz qalaysiz, mulla togʻa? Kelganimdan beri qidiramen. Soʻroqlab-surishtiray desam, tanish-bilish yoʻq.

Yoshi qirqqa kirar-kirmas yuziga ajin tushgan mavlono Fazliddin ma’yus tovush bilan dedi:
— Yuribmiz... Tuproqdan tashqarida. Xudo bizni omadsiz yaratgan ekan-da, jiyanim. Bu yerga kelib, endi Navoiy hazratlarining marhamatlaridan bahramand boʻlay deganimda, u zoti oliy vafot etdilar. Katta qurilishlar Husayn Boyqaro zamonida ham uncha-muncha boʻlib turgan edi. Mana shu yil Husayn Boyqaro ham olamdan oʻtdi. Qurilishlar taqa-taq toʻxtagan. Bizga oʻxshaganlarga yana ish yoʻq!
— Unday boʻlsa, Bobur mirzoga bir uchrang.
— Bobur mirzo ham bu yerda mehmon... Meni qabul qiladimi, yoʻqmi? Orada nozik gaplar oʻtgan.

Tohir mavlono Fazliddin bilan Xonzoda begim orasida boʻlgan murakkab voqealarning chet-yoqasini eshitgan edi.
— Boʻlmasa, avval men u kishini xoli topib, siz toʻgʻringizda gap ochib koʻraymi, mulla togʻa?
— Mayli, buni keyin yana maslahatlashurmiz. Obbo jiyanim-ey! Men Bobur mirzoning Hirotga kelganlarini eshitganimdan beri «sen ham bormikinsen, yoʻqmikinsen», deb har bir navkarga koʻz tikib yurgan edim... Qani endi, yur, uyga boraylik! Agar senga mana bu dorivor yaproqlar kerak boʻlsa, uydan topib beraman. Bizning bogʻchada ham shu daraxtdan bor.
— Bogʻchada... bir oʻzingizmisiz yoki uylandingizmi, mulla togʻa?
— Uylanganmiz, jiyan. Navoiy hazratlari maslahat berdilar. U kishida bogʻbon boʻlgan durust bir odamning qizi bor ekan...
— Muborak boʻlsin! Farzandlar ham bormi?
— Ha, bir oʻgʻil, bir qiz.
— E, ajoyib-ku! Unday boʻlsa, men uyingizga toʻyonalar bilan borurmen!
— Oʻzingni koʻrganim ming toʻyonadan afzal, jiyan! Qani, yur!

Tohir bir necha qadam yurdi-yu, keyin nimanidir eslab, osmonga qaradi. Oftob ogʻib borar edi.
— Mulla togʻa, uyingiz yaqinmi?
— Yoʻq, uzoqroq. Shahar chetidagi Nazargoh mahallotida. Nima edi?
— Men hozir bir soatdan soʻng xizmatda boʻlmogʻim kerak edi. Podshoh buyurgan edi.
— Obbo!.. Undoq boʻlsa... Shu yerda birpas oʻtiraylik. Men sal diydoringga toʻyay! Oʻzing qalaysen, jiyanim, uylanganmisen?

Togʻa-jiyan hovuzdan chetroqdagi tosh kursiga borib oʻtirdilar. Tohir Robiyani qanday topganini aytib berdi-yu:
— Kobulga kelib bitta oʻgʻilcha koʻrdik! — dedi. — Otini Safarbek qoʻydik.
— E, xayriyat! Men bir vaqtlar hamma narsadan umidimni uzgan edim. Seni ham qayta koʻrolmasmen, deb oʻylagan edim. Bosh omon boʻlsa, hammasi oʻtar ekan... Sen bilan biz-ku, qutulib keldik-a! Andijondagilarning ahvoli ne boʻldi?
— Buni soʻramang, mulla togʻa! Shayboniyxonning qirgʻini kechalari tushimga kirsa, bosinqirab chiqamen!.. U yoqda rosa abgor boʻlib, ikki yuz qirqtagina odam bilan Xurosonga qarab joʻnadik. Hisor togʻlarining orasida rosa qiynaldik. Ot-ulovlar oʻlib-soʻyilib tamom boʻlgan. Bobur mirzo ham otini onasiga berib, oʻzi piyoda yuradi. Oyoqlarimizda choriq. Qoʻllarimizda tayoq. Turadigan joyning tayini yoʻq. Birov beri kel, demaydi. Arzimagan amaldorlar Bobur mirzoday odamga behurmatlik qilib «yoʻllaringdan qolmanglar, Hisordan tezroq oʻtinglar», deydi. Bizning gʻazabimiz kelib, qoʻpol gapirgan amaldorlarni chopib tashlasak, deymiz. Lekin Bobur mirzo: «Bardosh qilinglar, tezroq Amudaryodan oʻtib olaylik», deb shoshiradi.
— Lekin shoshirganicha bor ekan-da, jiyan. Sizlardan sal keyin Shayboniyxon Hisorni ham bosibdi-ku.
— Ha, keyin bilsak, Bobur mirzo uzoqni oʻylab shunday qilgan ekanlar. Hisor podshosi Xisravshoh umrida bir mushuk bilan ham urushib koʻrmagan qoʻrqoq odam ekan. Beklarning koʻpchiligi undan norozi ekan. Bobur mirzoga maxfiy odamlar yuborib: «Keling, Hisorni sizga beraylik!» der ekanlar. Lekin Bobur mirzo fitnaga aralashmadi. «Keling», degan haligi beklarga: «Xoqon boʻlsalaring oʻzlaring kelinglar», deb yaxshi gaplar aytib odam yubordilar. Biz Amudaryodan bu yoqqa oʻtganda, Shayboniyxon Hisorga bostirib kiribdi. Qoʻrqoq Xisravshoh xon bilan jang qilishga yuragi betlamay, poytaxtni tashlab qochibdi. Uning oʻttiz ming qoʻshini tarqab ketibdi. Oʻzingiz bilasiz, mulla togʻa, bunday paytda beklar nomi ulugʻroq bir podshoh izlab qolishadi. Bobur mirzo Shayboniyxon bilan dadil jang qilgani, birda yengilgan boʻlsa, birda uni yenggani eslariga tushadi. Ilgarigi eshik ogʻa Qosimbek oʻsha paytda Hisor qoʻshinining orasida edi. Uning Bobur mirzoga ixlosmandligini bilasiz.

Xullas, ini buzilgan ariga oʻxshab tarqalgan Hisor qoʻshini Amudaryo boʻyida bizga kelib qoʻshilaverdi. Eng avval Boqibek Chagʻoniyoniy degani toʻrt yuz askari bilan keldi. Bobur mirzo unga kutganidan ziyoda hurmat koʻrsatdi. Boqibekni eng baland martabali eshik ogʻa qilib qoʻydi. Keyin Xisravshohning boshqa beklari-yu, navkarlari ketma-ket kelib bizga qoʻshilaberdi-da. Oʻzimiz daryodan ikki yuz qirqtagina odam oʻtgan edik. Bir oy ichida toʻrt mingga yetdik...

Mavlono Fazliddin jiyanining soʻnggi yillarda bir qadar oʻzgarib qolganini endi aniqroq sezdi. Tohir ilgari bunchalik soʻzlay olmas edi. U gapdon asilzodalar orasida koʻp yurib, mulozimlarga xos murakkab iboralar ishlatishga oʻrgangan edi.
— Biz Kobulga kelsak, argʻin degan urugʻdan Muqimbek hokim boʻlib oʻtirgan ekan. Taxt da’vo qilishga haqqi ham yoʻq, biz bilan olishadigan kuchi ham yoʻq. Kobulni bizga jangsiz berdi. Keyin Husayn Boyqarodan Bobur mirzoga xat berdi. «Cherik bilan keling, Shayboniyxonga qarshi ittifoq boʻlib chiqaylik», debdi. Otda qirq kun yurib shuncha joydan kelsak, Husayn Boyqaro olamdan oʻtibdi.
— Bir jihatdan Kobulni poytaxt qilib, bu yerga obroʻ bilan kelganlaring yaxshi boʻlibdir, jiyanim. Aks holda, Husayn Boyqaroning kalondimogʻ oʻgʻillari Bobur mirzoni pisand qilmagan boʻlur edi.
— Lekin hozir hurmatimiz juda joyida. Shahar hokimini bizga qoʻshib qoʻyganlar. Hirotni aylantirib rosa tomosha qildirdi. Katta dargohlarda har kun ziyofat. Bugun kech Bobur mirzo yana saroyga borishlari kerak edi...

Tohir osmonga koʻz tashlab, oftobning ancha pasayib qolganini koʻrdi-yu, bezovtalanib oʻrnidan qoʻzgʻaldi:
— Mulla togʻa, men kech qolsam boʻlmas. Sizning uyingizga ertaga borsam maylimi? Qanday topib boramen? Shuni ayting.

Ular Tohirning otini jilovidan tutib turgan navkarning oldiga borgunlaricha mavlono Fazliddin uyining qayerdaligini Tohirga batafsil tushuntirdi. Tohir otining jilovini navkarining qoʻlidan olar ekan:
— Mulla togʻa, otingiz qani? — dedi.
— Jiyanim, men piyoda yuramen.
— Uyingiz uzoq boʻlsa ham-a?
— Oʻrganib ketganmen.

Tohir togʻasining kambagʻallashib qolganini endi sezdi-yu, otining kumush bezakli yuganini mavlono Fazliddinga tutqazdi:
— Boʻlmasa mana shu ot sizniki.
— Oʻzing-chi, jiyanim?
— Otxonada mening yana ikkita otim turibdi. Mining!

Tohir togʻasini qoʻymasdan otga mindirdi-yu, beliga qistirilgan qimmatbaho qamchini ham togʻasiga berdi.
— Siz Oʻshda menga mindirib yuborgan otning quluni bu, mulla togʻa. Oʻshanda meni boshdan-oyoq kiyintirgan edingiz-a, esingizdami?
— E, bosh omon boʻlsa doʻppi topiladi, jiyan! Buni eslatib oʻtirma.

«Ammo ertaga kelin ayamga ham, bolalariga ham bosh-oyoq kiyimlik olib borib, togʻamni yana bir suyuntirishim kerak!» dedi Tohir oʻzicha.

Ikkinchi ot ustida oʻtirgan yoshgina navkar nima boʻlayotganiga unchalik tushunmasa ham togʻa-jiyanga angrayib qarab turardi.

Mavlono Fazliddin xoʻshlashib keta boshladi. Tohir navkariga qarab shipshidi:
— Farosating bormi?

Bekni piyoda qoldirib, navkarning otliq turishi chindan ham odobga toʻgʻri kelmas edi. Yosh navkar buni ertaroq sezmaganidan izza boʻlib otdan sakrab tushdi va jilovini Tohirga tutdi:
— Afv eting, bek janoblari.

Mavlono Fazliddin oʻgirilib qaradi-yu, Tohir nav-karning otida beklarcha savlat toʻkib borayotganini, navkar esa uning yonida yoʻrgʻalab piyoda ketayotganini koʻrdi. Navkardan chiqqan ba’zi beklar obroʻtalab boʻlishi mavlononing esiga tushdi. «Ishqilib, Tohir oʻshalarga oʻxshamasin-da!» deb qoʻydi ichida.

2

Bugun oʻn yetti kundirki, Bobur Hirotda Alisher Navoiy istiqomat qilgan muhtasham Unsiyada[21] yashaydi. Unsiyaning baland peshtoqlari, niliy gumbazi, oftobda jilolangan rang-barang koshinlari Boburga Samarqanddagi Ulugʻbek madrasasini eslatadi. Lekin Unsiya-ning toʻrt tomonidagi toʻrtta minorasi Ulugʻbek madrasasinikidan balandroq, binoning hajmi ham kattaroq edi. Oʻzi bundan oʻn besh yilchagina oldin qurib bitirilgan, hali hamma bezaklari yap-yangi edi.

Unsiyaning ichidagi xonalardan bir qanchasini Navoiyning shaxsiy kutubxonasi egallagan. Bobur kutubxonadagi kitoblarni varaqlaganda, ularning ba’zi joylarida ulugʻ shoirning dastxatini koʻrdi-yu, Samar-qandda undan olgan maktubni esladi. Navoiyni koʻrishga muyassar boʻlolmagani uchun yuragini ma’yus tuygʻular chulgʻadi.

Kutubxona eshigi oldiga chiroyli bir javonga oʻxshash katta soat qoʻyilgan. Belgili vaqtlarda bu soatning tepasidagi jajji haykalcha harakatga keladi-yu, oltin bolgʻachalar bilan ohangdor qilib zang chaladi. Bunday soat yasash gʻoyasini soatsozga Navoiyning oʻzi aytib, maxsus buyurtma bergan edi. Keyin Hirotda «Alisheriy» deb ataladigan zang chaluvchi soatlar rasm boʻlib ketgan edi.

Bobur kutubxonadan chiqar ekan, ustma-ust zang chalayotgan soatga qarab turib, oʻzicha oʻylandi: «Ajab! Alisherbekning oʻzlari vafot etgan boʻlsalar ham ixtirolari tirik. Umri soniy shulmikin? Bu soat oʻz egasining ikkinchi umrini oʻlchab zang chalmoqdamikin?»

Unsiyaning ich-tashida bu binoni qurgan va unda hayotining oxirgi kunigacha yashagan noyob insonning ruhi kezib yurganga oʻxshardi. Bobur Navoiyning qoʻli tekkan eshiklarni ehtiyot bilan ochar, marmar zinalarda uning koʻzga koʻrinmas izlarini bosib oʻtayotganini his qilib, mumkin qadar sekin qadam tashlar edi.

Hovlida toshhovuz boʻyidagi chinorlar tagida farrosh yigit xazon supurmoqda edi. Bobur ikki tomonida toʻq yashil shamshod daraxtlari qator turgan chiroyli yoʻlkaga burildi. Bu yerda uni Navoiyning shogirdi Xondamir va uning eng yaqin nadim[22]laridan Sohib Doro kutib turar edilar. Hassa tayangan keksa Sohib Doro Bobur bilan koʻrishayotib:
— Amirzodam, — dedi. — Hazrat Mirning vafotlaridan beri Unsiya ruhsiz tanadek edi. Siz kelganingizdan soʻng bu tanada yangi jon, yangi ruh paydo boʻldi!

Yoshi oʻttizlarga borgan tiyrak koʻzli Xondamir Boburga sinovchan nazar bilan kulimsirab tikildi: «Andijondan kelgan yigirma toʻrt yoshlik shahzoda bu mubolagʻali gapga yarasha kamtarona javob toparmikin?»

Qalbi ezgu va ma’yus tuygʻularga toʻlib turgan Bobur shoirona oʻxshatishlar qilib oʻtirgisi kelmay joʻn javob berdi:
— Mavlono, hazrat Alisherning makonlari mening oʻzimda yangi bir ruh paydo qildi. Bu yerda men san’atu ma’rifatning hali umrimda koʻrmagan kamolotini koʻrmoqdamen.

Xondamir Boburning javobidan qanoatlangandek mamnun bosh irgʻadi. Sohib Doro ham:
— Siz haqsiz, amirzodam, — dedi. — Hazrati Mir neki yaratgan boʻlsalar, hammasida oʻzlarining oliy ruhlaridan bir nishona qoldirmishlar. Mana bu minoralarga bir nazar tashlang!

Bobur uchi osmondagi oq bulutlarga tegay deb turgan baland koshinkor minoralarga tikildi.

Odatda, yuksak minoralarning odam chiqib atrofga qaraydigan usti yopiq halqasi, ya’ni shiyponchasi eng tepasida boʻladi. Unsiya minoralarida esa tepadagi halqadan tashqari oʻrta belida ham maxsus halqalar bor edi. Sohib Doro buning sababini aytdi:
— Hazrati Mir Hirot manzaralariga baland bir joydan qarab oʻltirib hordiq chiqarar edilar. Keksaygan paytlarida minora tepasidagi halqaga chiqishlari mumkin boʻlmay qoldi. Shundan soʻng me’morga oʻzlari aytib, pastroqqa ham halqa qurdirdilar.
— Iloj boʻlsa, shu halqalardan biriga biz ham chiqsak, — dedi Bobur.
— Bajonidil!

Sohib Doro Boburni Xondamir bilan birga gʻarbiy minoraga tomon boshladi. Ammo minora ichidagi tik, aylanma zinalardan chiqolmasligini aytib, oʻzi pastda qoldi. Minoraning oʻrta halqasiga Boburni Xondamir boshlab chiqdi.

Ular atrofga koʻz yugurtirishdi. Uzoqda qorli Muxtor va Iskalja togʻlari. Pastda kuz kirib, suvi jildirab qolgan Injil anhori. Uning chap sohilida mashhur Gavharshodbegim madrasasi savlat toʻkib turibdi. Navoiy qurdirgan Ixlosiya madrasasi Injilning oʻng qirgʻogʻida — Gavharshodbegim madrasasiga yuzma-yuz tushgan edi. Ixlosiyadan narida bemorlar davolanadigan, ayni vaqtda, mudarrislar yoshlarga tibbiyot ilmini oʻrgatadigan Shifoiya nomli shifoxona— madrasa. Undan narida ulkan gumbazli Xalosiya xonaqohi. Katta bir mahallaning oʻrnini oladigan joy Alisher Navoiy qurdirgan nodir obidalarga toʻlib, Hirotning salobatiga salobat qoʻshgan edi.

Shaharning narigi yoqlarida ham moviy togʻlarga oʻxshab yuksalib turgan minora va gumbazlarning koʻpligi Boburga birdan Samarqandni eslatdi-yu, yuragini dard aralash sogʻinch tuygʻusi chulgʻadi.
— Mavlono, — deb Bobur Xondamirga yuzlandi. — Hirot obidalarini qurgan me’morlar orasida Movarounnahrdan kelganlari ham bormidi?
— Amirzoda, Siz Hirotda Samarqand sayqali ham borligini sezib turganga oʻxshaysiz.
— Ha, savolimning boisi ham shu.
— Hirotning koʻp ulugʻ zotlari Samarqandda tahsil koʻrmishlar. Ular Samarqand sayqalini qalblarida olib kelmishlar, yana Movarounnahrdagi fatoratlardan bezib qochgan talay iste’dodlar Hirotga kelib, hazrat Alisherdan panoh topmishlar. U oliy zotning fazilatlari behisob edi. Lekin faqirga eng ulugʻ tuyulgan fazilatlari— hazrat Mirning iste’dodshunosliklari-yu, zakovatparvarliklari edi. Ulugʻ ishlarini ulugʻ iste’dodlarsiz qilib boʻlmasligini hazrat Alisher yaxshi bilur edilar. Shuning uchun hamisha el-ulus orasidan nodir iste’dodlar izlab oʻtdilar. Yonlarida yurgan nadimlariga, musohiblariga, biz kabi shogirdlariga aytar edilarki, baxillik doim nursiz, layoqatsiz, iste’dodsiz odamlardan chiqur. Xususan, oliy jamiyatda layoqatsiz baxillar doim iste’dodlarning yoʻlini toʻsurlar, xudodod zakovatlarini yuzaga chiqarmay, xayf qilurlar, bundan butun xalq zarar koʻrur. Dunyodagi eng mash’um baxillik, iste’dodlarning yoʻlini toʻsguvchi baxillikdir. Dunyodagi eng oliy saxovat esa nodir iste’dodlarni yuzaga chiqaruvchi saxovatdir.
— Ayni haqiqat! — zavqlanib xitob qildi Bobur.

Xondamir bu xitobdan ruhlanib, ovozini xiyol koʻtarib davom etdi:
— Biz biron safardan qaytsak yoki hazrat Alisherga bir-ikki kun koʻrinmay yurib, keyin huzurlariga kelsak: «Qani, xoʻsh, yana qanday ajoyib iste’dod uchratdingiz?»— deb soʻrar edilar. Biz uchratgan nodir iste’dodlarning ba’zilari oʻn besh-oʻn olti yoshlik oʻspirinlar boʻlar edi. Hazrat Alisher: «Boʻladigan bola oʻn besh yoshida bosh boʻlur, boʻlmaydigan odam qirq yoshida ham yosh boʻlur», der edilaru topilgan iste’dod oʻspirin boʻlsa ham huzurlariga chorlar edilar. «Sohib Doro iste’dodli shoir Zayniddin Vosifiyni oʻn besh yoshida hazrat Mirning huzuriga keltirgan edi. Hazratning saxovatlaridan bahramand boʻlgan bu yosh shoir juda tez ulgʻayib, butun Hirotga mashhur boʻldi. Ulugʻ musavvir Kamoliddin Behzod ham yoshlikdan hazrat Mirning tarbiyalari bilan ulgʻaydilar. Shoir Hiloliy, xattot Sulton Ali Mashhadiy ham hazrat Alisher kashf etib, tarbiyat qilgan iste’dodlardandir. Koʻz oʻngimizda turgan Hirot soʻnggi oʻttiz-qirq yil mobaynida avvalgidan oʻn barobar goʻzalroq, ulugʻvorroq boʻlib ketganini barcha fozil kishilar ay-turlar.
— Soʻzingiz chin, mavlono. Men koʻrgan Rub’i maskunda[23] Hirotdek shahar yoʻqdir!
— Amirzodam, bugungi Hirotni shunchalik goʻzal, shunchalik ulugʻ qilganlar — el-ulus orasidan chiqqan iste’dodlar emasmi?
— Rost! Koʻz oʻngimizda turgan barcha nodir obidalar — ulugʻ iste’dodlar xazinasidan chiqqan gavharlardir.
— Lutf qildingiz, amirzodam. Hazrat Alisher — gavharday bebaho iste’dodlar xazinasini ochgan eng ulugʻ kashfiyotchi edilar. Buni sulton Sohibqiron Husayn Boyqaro ham tan olgan edilar. Eshitgandirsiz amirzodam, hazrat Alisher bilan Husayn Boyqaroning oralariga nifoq solgan baxillar koʻp edi. Ma’lumingizkim, sulton Husayn mastlikda koʻp yomon ishlar ham qilgan edilar... Ammo ichmay yurgan ta’blari tiniq kunlarda hazrat Alisherga shundoq ehtiromlar koʻrsatar edilarki, hammamiz hayron qolar edik.

Bobur Xondamirning zavqli bir voqeani eslagandek mamnun kulimsiraganini koʻrdi-yu, uning hikoyasini kutib, yuziga tikildi.

Xondamir hali yigit yoshida boʻlsa ham koʻp oʻltirib ishlash oqibatida bir oz semirib qolgan toʻla gavdali oʻrta boʻy kishi edi. U goʻshtdor barmoqlari bilan qoshining ustini silab qoʻydi-yu:
— Hazrat Alisher «Xamsa»larini bitirib Sulton Husayn Boyqaroga oʻqishga berdilar, — deya hikoya qila boshladi. — Sulton Husayn ta’bi nazmi oʻtkir zot edilar. «Xamsa»ni oʻqib hazrati Alisherni saroylariga chaqirmishlar, butun a’yonlari oldida tabrik aytmishlar. Sulton Husaynning yaxshi koʻrgan bebaho bir oq otlari bor edi. Miroxoʻrga: «Oʻshal otni keltiring!» — deb buyurmishlar. Mir hazratlari hayratga tushib: «Menga ot in’om qilmoqchilarmi? — deb oʻylamishlar. Otni keltirgunlaricha podshoh Mir Alisherga qarab: «Endi siz she’riyatda menga ustoz pirsiz, men sizga murid boʻlmoqchimen», deganlar. Mir Alisher iztirob bilan e’tiroz qilganlarki: «Hazratim, siz podshohdirsiz, sizga men murid boʻlmogʻim kerak». Shu asnoda oq otni oltin anjomlari bilan keltirurlar. Sulton Husayn kulib turib soʻrabdilar: «Murid pirning amrini bajarmogʻi kerakmi?» Mir Ali-sher, albatta, tasdiq javob bermishlar. Shunda podshoh u oliy zotga aytmishlarki: «Boʻlmasa, mana shul otga mining!» Shohning amri vojib. Mir Alisher otga yaqinlashurlar. Oq otning bir fe’li bor ekan: Sulton Husayndan boshqa odam minmoqchi boʻlsa, belanglab qoʻymas ekan.

Mir Alisher yaqinlashganda ot belanglashga tushmish. Shunda Sulton Husayn otni jilovidan olib: «Tinch tur!» — deb oʻshqirurlar. Ot tinchlangach, hazrat Mir unga minurlar. Saroy ahli: «Endi nima boʻlarkin?» deb nafaslarini ichlariga olib sukutga ket-mish. Sulton Husayn otning jilovini ilklaridan qoʻymay hovli boʻylab yurib ketmishlar. Hamma hayron. Shunda podshoh ot ustidagi hazrat Alisherga ayturlarki: «turkiy tilda birinchi boʻlib yozgan ulugʻ «Xamsa»ngiz uchun mendek Sulton Sohibqiron sizga jilovdor murid boʻlsa arzir!» Saroy ahli bu soʻzni eshitib, lol boʻlib qolmish. Hazrat Alisherning oʻzlari shu darajada mutaassir boʻlmishlarki, hushlaridan ketib qolmishlar. Keyin mulozimlar chopib borib hazratni otdan tushirib olmishlar... Ana, amirzodam...
— Fikringizga tushundim, mavlono, — dedi Bobur oʻychan tovush bilan. — Qayerdaki iste’dodlarga baxillar zavol keltirolmasa-yu, saxiylar yoʻl ocha olsa, oʻsha joy bugungi Hirot kabi kamolot choʻqqisiga koʻtarilar ekan.

Xondamirning koʻnglidagi gapni Bobur bunchalik yaxshi topib aytgani mavlonoga gʻalati ta’sir koʻrsatdi. Xondamir Boburda oʻzining maslakdoshini topganday quvonib:
— Tasanno, amirzodam! — dedi. — Oʻshal ulugʻ zotlar davrida Hirotning kamolot quyoshi osmonning eng baland nuqtasiga chiqqani rost! Lekin... afsuski, quyosh eng baland nuqtadan soʻng pastga ogʻar ekan. Soʻnggi yillarning mudhish voqealarini koʻrib, qalbimni bir vahm titratur: «Hirotning tole quyoshi asta-sekin ogʻib tushmasdan, birdan zulmat qa’riga qulab ketsa... unda ne qilgʻaymiz?

Xondamir Movarounnahrdagi toʻpolonlar va qir-gʻinlar Shayboniyxonning qoʻshini bilan birga Hirotga ham yaqinlashib kelayotganini sezgani uchun shu iztirobli savolni bergan edi. Uning nazarida, bu savolga Shayboniyxon bilan yuzma-yuz olishgan Boburgina javob berishi mumkin edi.
— Iztirobingiz bejiz emas, mavlono, — dedi Bobur.— Hirotdagi bugungi osoyishtalik dahshatli toʻfon oldidan boʻladigan muvaqqat sokinlikni eslatur. Toshkent ham men soʻnggi marta borganimda, xuddi hozirgi Hirotga oʻxshar edi. Men ming balolarni boshdan kechirib, jahannam qa’ridan chiqib borgan edim. Marhum togʻoyim Mahmudxonga: «Bu balolar sizning ham boshingizga tushmasin, birga chora topaylik», deganimda istehzo qilib kulgan edi. Rahmatlik siz aytgan iste’dodsiz, layoqatsiz tojdorlardan edi... Xiyla baxilligi bor edi... Mahmudxon axiri Shayboniyxonning oyogʻi tagida qandoq toptalganligi ma’lumingizdir.
— Nahotki, oʻsha hodisalar Hirotda yana takrorlansa, amirzodam?

Bobur Hirotning shimol-gʻarbida gʻubor ichida koʻrinayotgan Soqi Solmon choʻlining xira ufqiga tikilib, oʻylanib qoldi. U Hirotga temuriylarning boshini qovushtirib, Shayboniyxonga qarshi mustahkam ittifoq tuzish uchun kelgani, bu mavzuda qariyb yigirma kun-dan beri muzokara borayotgani Xondamirga ma’lum edi. Bobur tezda javob beravermagach, Xondamir andisha qilib dedi:
— Amirzodam, muzokaralar maxfiy boʻlsa, faqir davlat sirlarini bilishga haqqim yoʻq. Faqat...
— Mavlono, minora ustida biz faqat ikkimiz turibmiz. Mening sizdan yashiradigan sirim yoʻq. Hirot taxtida ikki ogʻa-ini birga podshohlik qilishlarini bilursiz.
— Ha, asli oʻzi taxt Badiuzzamon mirzoniki edi-yu, lekin Xadicha begimning tarafdorlari Muzaffar mirzoni ikkinchi podshoh qilib koʻtardilar. Tarixda hargiz misli koʻrilmagan hodisa.

Xondamirning bu hodisadan norozi ekanligi sezilib turardi. Bobur bosiq tovush bilan soʻzida davom etdi:
— Har ikki podshohlaringiz ham mehmondoʻstlikda, suhbatdorlikda, orasta bazm oʻtkazishda benazirlar. Ammo jangu jadalga xohishlari yoʻqmi, har qalay, Murgʻob boʻyida uchrashganimizda gʻalati bir hodisa boʻldi. Xonning bir pora qoʻshini Xurosonning Chechektu navohisini[24] bosgani toʻgʻrisida xabar keldi. Xonning oʻzi Amudaryodan narida edi. Xondan koʻra biz turgan joy Chechektuga yaqinroq edi. Men taklif qildimki, Chechektuni besh-olti yuz kishilik yogʻiy bosgan boʻlsa, darhol otlanib ularning oʻzlarini bosmoq kerak. Toki xon qoʻshini Xurosonga osonlikcha kelolmaydigan boʻlsin. Badiuzzamon mirzo inilari Muzaffar mirzoni Chechektuga yubormoqchi boʻldilar. Ma’lumingizkim, har ikkovlarining oʻz eshik ogʻalari, oʻz mulozimlari, oʻz cheriklariyu alohida sarkardalari bor. Muzaffar mirzo jang koʻrmagan yigit. Chechektuga borishga jur’at qilmadi. «Hazrat ogʻam borsalar, biz boshqa chegaralar himoyasida boʻlurmiz», dedi. Badiuzzamon mirzo: «Men jangda nobud boʻlsam, bu taxtni yolgʻiz oʻzi egallaydimi?» deb oʻyladi nazarimda, Chechektuga borgisi kelmadi. Koʻp sansalor boʻlgandan soʻng men aytdimkim: «Ijozat bergaysizlar, men yigitlarim bilan borib, Chechektuni yogʻiydan ozod qilishga urinib koʻray». Ogʻa-ini bir-birlariga qaradilaru el-ulusdan nomus qildilar. «Siz mehmonsiz» deb, meni bu niyatimdan qaytardilar. Qoʻymasdan Hirotga boshlab keldilar. Chechektu yogʻiy ilkida qoldi.

Xondamir kuyunib «uh» tortdi:
— Bu hammasi — Xurosondan tole yuz oʻgirayotganining nishonasi! Amirzodam, boshimiz ustida qanday balolar toʻplanayotganini bizning podshohlarimizdan koʻra siz yaxshi bilursiz. Chunki barchasini oʻz koʻzingiz bilan koʻrmishsiz. Biz bu haqda mavlono Behzod bilan ham koʻp gaplashdik. Hirotning barcha jonkuyar fozil kishilari umid koʻzini sizga tikkanlar. Xatar qanchalik kuchli ekanligiga shoyad podshohlarimizni ishontirsangiz. Barcha yaxshi kuchlar birlashsa-yu, shoyad falokatning oldini olishga muyassar boʻlsalar.

Bobur minoradan pastga tikilib:
— Bilmadim, mavlono, — dedi. — Bugun-erta podshohlar bilan yana shu haqda gaplashmoqchimen.
— Ilohim, kushoyishi koringizni bersinu muzokarangiz biz istagandek tugasin, amirzodam!

Bobur tashakkur aytib, minora zinapoyasiga tomon yoʻnaldi. Pastga tushayotib, Hirot qal’asining ichida— baland tepalik ustida turgan ulkan arkka noxush nazar tashladi.

3

Kuz iliq kelgani uchunmi, Hirot tojdorlari hali ham qal’a tashqarisidagi bogʻlarda yashamoqda edilar. Shaharning shimol-sharqidagi Qipchoq darvozasidan narida Shohruh mirzo davrida mashhur boʻlgan Bogʻi Safidda Muzaffar mirzo Bobur sharafiga katta ziyofat berdi. Hirotning eng zoʻr pazandalari tayyorlagan gʻizol[25] kaboblari, ishtaha ochuvchi nordon ocharlar[26], mohicha nomi bilan mashhur boʻlgan oʻta nozik xushta’m suyuq oshlar Muzaffar mirzo oʻz mehmoni bilan oʻtirgan tillakori koʻshkning yuqorigi qavatiga ketma-ket olib chiqilmoqda edi. Sozandalar poygahroqda oʻtirib, qonun va udda, gʻijjak va nayda etni jimirlatuvchi kuylar chalishardi. Hirotning mashhur hofizlari ovozlarini uncha baland koʻtarmasdan, yurakning qat-qatiga singadigan sokin mayin tovush bilan ashula aytishar, bu hammasi Boburga juda ulugʻvor bir san’atning namunasi boʻlib tuyulardi.

Bazm avjiga chiqqanda soqiy Bobur qarshisiga kelib, bir tizzasini gilamga tirab choʻkkaladi, soʻng yigirma yildan beri xumda kuch yigʻib yotgan va bugungi ziyofat uchun ochilgan tiniq xushboʻy mayi nobdan surohiyga quydi-da, Boburga uzatdi. Bobur hali may ichmagan edi. Ammo hozir eshitgan kuy va ashulalarining ta’sirida birdan uning may ichgisi keldi-yu, oʻng yonidagi Qosimbekka qaradi.

Obburdonda Boburdan ajralib Hisorga ketgan Qosimbek Qavchin bultur Kobulda barcha navkari bilan birga Bobur xizmatiga qaytib kelgan va yana uning eng yaqin maslahatgoʻyiga aylangan edi. Qosimbekning oʻzi umrida may ichmagan xudotars kishi boʻlgani uchun Boburni ham ichkilikka yoʻlatgisi kelmas edi.
— Amirzodam, — shivirladi Qosimbek. — Badiuzzamon mirzoning chogʻir majlisida may taklif qilganlarida ichmagan edingiz. Bu yerda ichsangiz, narigi mirzo eshitib koʻngliga olmasmikin?

Bu soʻzlar Boburni sergaklantirdi. U bitmay yotgan murakkab va chigal ishlarini esladi-yu, Muzaffar mirzoga qarab:
— Faqirni ma’zur tuting, mirzo hazratlari, — dedi. — Men umrimda may ichmaganmen!

Muzaffar mirzo Boburning may ichishdan qoʻrqayotganini sezib, qah-qah urib kuldi. Uning anchagina kayf qilgani shu beandisharoq kulgisidan bilindi:
— Amirzodam, nahotki butun Andijonu Samarqand may zavqidan bexabar boʻlsa?
— Mirzo hazratlari, may zavqi Samarqandu Andijonda ham keragidan ortiq. Ammo faqir boshqa zavqlardan ortmas edim. Uzrimni hazrat ogʻangiz Badiuzzamon mirzo qabul qilgan edilar... Faqir andesha qilmoqdamen...

Badiuzzamon mirzo tilga olingach, Muzaffar mirzo ham jiddiylashdi. Boburning andishasi unga asosli tuyuldi-yu, soqiyga: «Bas, qistama!» ishorasini qildi. Bazmda Badiuzzamon mirzoning eshik ogʻasi Zunnunbek argʻun ham bor edi. Soqiy podshosining ishorasi bilan Boburga qoʻyilgan mayni oʻsha Zunnunbekka berdi.

Odamlarning kayfi oshgan sari bazm qizib borar, ba’zi beklar ham oʻrtaga chiqib raqs qilishar, Mir Sarbarahna, Burxon gung degan mashhur qiziqchilarning askiyalaridan koʻtarilgan qahqahalar shiftdagi naqshlarni ham titratayotganday boʻlar edi.

Husayn Boyqaroning oʻlimiga hali koʻp vaqt boʻlmagan. Hirot xavf ostida turgan ogʻir bir vaziyatda shunchalik xushchaqchaq bazm oʻtkazilayotgani Boburdan ham koʻra Qosimbekning gʻashini keltirmoqda edi. Qosimbek kulgi, shovqin orasida Boburga shivirladi:
— Bu shirakayf shoh bilan endi muzokara qilib boʻlmas. Buning ixtiyori onasi Xadicha begimda emish. Hozir begimning huzuriga chiqaylik, amirzodam.
— Ziyofat tugamasdan chiqib ketsak, behurmatlik boʻlmasmi?
— Qulingiz kelishib qoʻyganmen. Begim oʻz qasrlarida bizga muntazirlar.

Askiyachilar musobaqasi tugab, kulgilar bosilgach, Bobur Muzaffar mirzodan hazrat begimning huzurlariga borish uchun ijozat oldi.

* * *

Oq marmardan qurilgan uch qavatli ulkan qasrda oʻnlab oltin qandillar yonmoqda edi. Bobur, Qosimbek, Zunnunbek va ularni boshlab borayotgan Burunduqbek zinalarga toʻshalgan mayin guldor poyandozlardan tovushsiz qadam tashlab, uchinchi qavatga koʻtarildilar. Qasrning devorlariga Shohruh mirzo oʻzining san’atkor oʻgʻli Boysunqur mirzo uchun ishlatgan goʻzal rasmlar hali ohori toʻkilmay yap-yangi turar edi.

Xadicha begim Boburni qasrning muhtasham qabulxonasida kutib oldi va olti oyogʻi ham quyma oltindan ishlangan, ustiga yaxlit sadaf qoplangan miz yoniga oʻtqazdi.

Salobatli, xushqomat begimning orqarogʻida — qabulxonaning eng koʻzga koʻrinarli joyida bir tup atirgul yarqirab turibdi: poyalari oltindan, barglari zumraddan, toʻq qizil gullari yoqutdan. Gul shoxiga qoʻnib turgan kichkina oltin bulbulning tumshuqchasida — don oʻrnida sof gavhar jilolanib turibdi. Qabulxonaning eshik va derazalariga osilgan shohi darpardalarga ham durlar, la’llar va boshqa qimmatbaho toshlar qadalgan edi.

Faqat Xadicha begimning oʻzi qoramtir kumushrang parchadan bezaksiz kabo kiygan, uning boshidagi koʻkish toqida koʻzga uncha tashlanmaydigan siyrak marvarid donalari koʻrinar edi. Aqlni shoshiradigan bunday javohirot orasida goʻzal qiz-juvonlar qurshovida oʻtirgan ellik yoshli ulugʻsifat malika Boburni ham, Qosimbekni ham ancha dovdiratib qoʻydi.

Bobur koʻngliga tugib kelgan murakkab gaplarini begimning musohabalari va kelinlari oldida qanday aytishni bilmay bezovtalandi. Xadicha begim buni sezib osoyishta kulimsiradi:
— Amirzodam, siz bizga qarindoshsiz. Shuning uchun mening kelinlarim, musohabalarim sizni ham oʻz mirzolaridek e’zozlab suhbatingizga ishtirok etmoqchilar. Tortinmay erkin oʻltiring.
— Mutashakkirmen!

Yuzlarida yupqa oq pardalari bor qiz-juvonlarning yuz-koʻzlari sham yorugʻida uncha aniq koʻrinmas edi. Ammo xina qoʻyilgan nafis qoʻllar, ipak kiyimlar ogʻushidagi ingichka bellar va baland koʻkraklar koʻpchilik ayollarning yosh juvonlar ekanidan dalolat berardi. Muzaffar mirzoning eng koʻhlik xotinlaridan Qorakoʻzbegim degani qaynonasining qulogʻiga labini yaqinlashtirib, yengil bir kulgi bilan allanarsa dedi. Xadicha begim ham shoʻx kulib bosh irgʻadi-yu, Boburga yuzlandi:
— Amirzodam, Hirotning asilzoda qizlari sizga maroq bilan koʻz tikar emishlar. Shunday bahodir shoh, shunday koʻhlik yigit, shunday iste’dodli shoir haramsiz boʻydoq yashar emishsiz. Rostmi?

Bobur qip-qizarib yerga qaradi-yu, bu toʻgʻrida gap ochilganidan ozorlanib:
— Hazrat begim, rost, — dedi. — Taqdiru nasibim shundoq boʻldi.
— Taqdiringiz endi tagʻayyur topsin, amirzodam. Hirotda qolib, Muzaffar mirzoga ini boʻling. Siz ham temuriyzodalardansiz. Hirotdan sizga munosib goʻzalu oqila qizlar topaylik, toʻy-tomosha bilan uylaning.

Muzaffar mirzoga ini boʻlish — uning tarafdoriga aylanish degan soʻz edi. Bir vaqtlar nevarasi Moʻmin mirzoning oʻldirilishiga sabab boʻlgan Xadicha begim, ehtimol, kelajakda Badiuzzamon mirzoni ham yoʻq qilish va oʻgʻlini yakka podshohga aylantirish maqsadidadir. Bobur uning oʻgʻliga ini boʻlsa, albatta, begimning bu maqsadini amalga oshirishga ishtirok etishi kerak.
— Mutashakkirmen!

Yuzlarida yupqa oq pardalari bor qiz-juvonlarning yuz-koʻzlari sham yorugʻida uncha aniq koʻrinmas edi. Ammo xina qoʻyilgan nafis qoʻllar, ipak kiyimlar ogʻushidagi ingichka bellar va baland koʻkraklar koʻpchilik ayollarning yosh juvonlar ekanidan dalolat berardi. Muzaffar mirzoning eng koʻhlik xotinlaridan Qorakoʻzbegim degani qaynonasining qulogʻiga labini yaqinlashtirib, yengil bir kulgi bilan allanarsa dedi. Xadicha begim ham shoʻx kulib bosh irgʻadi-yu, Boburga yuzlandi:
— Amirzodam, Hirotning asilzoda qizlari sizga maroq bilan koʻz tikar emishlar. Shunday bahodir shoh, shunday koʻhlik yigit, shunday iste’dodli shoir haramsiz boʻydoq yashar emishsiz. Rostmi?

Bobur qip-qizarib yerga qaradi-yu, bu toʻgʻrida gap ochilganidan ozorlanib:
— Hazrat begim, rost, — dedi. — Taqdiru nasibim shundoq boʻldi.
— Taqdiringiz endi tagʻayyur topsin, amirzodam. Hirotda qolib, Muzaffar mirzoga ini boʻling. Siz ham temuriyzodalardansiz. Hirotdan sizga munosib goʻzalu oqila qizlar topaylik, toʻy-tomosha bilan uylaning.

Muzaffar mirzoga ini boʻlish — uning tarafdoriga aylanish degan soʻz edi. Bir vaqtlar nevarasi Moʻmin mirzoning oʻldirilishiga sabab boʻlgan Xadicha begim, ehtimol, kelajakda Badiuzzamon mirzoni ham yoʻq qilish va oʻgʻlini yakka podshohga aylantirish maqsadidadir. Bobur uning oʻgʻliga ini boʻlsa, albatta, begimning bu maqsadini amalga oshirishga ishtirok etishi kerak.
— Gʻamxoʻrligingizdan minnatdormen, hazrat begim, — dedi Bobur.— Faqat mening bir andesham bor.
— Qanday andesha, amirzodam?
— Faqirni ma’zur tuting.

Bobur sukut qilib, yerga qaradi. U gapini faqat Xadicha begimning oʻziga aytmoqchi ekanini sezgan ayollar ta’zim qila-qila chiqib ketdilar. Shundan keyin Bobur Shayboniyxonning Hirot ustiga bostirib kelishi muqarrarligi haqida, hozir toʻy-tomoshaga emas, hayot-mamot janglariga tayyorlanish kerakligi toʻgʻrisida gapira boshladi.
— Shayboniyxon Andijondan Xorazmgacha, Marvdan Turkistongacha barcha joyni olib, behisob qoʻshin toʻplamishdir. Men uning har bir jangga qanchalik astoydil shaylanishini bilurmen. Balo-qazoday bostirib kelsa ancha-muncha cherik tit-pit boʻlib ketishini koʻrganmen!

Bobur Shayboniyxonning harbiy qudratini va shaf-qatsizligini isbotlaydigan dalillar keltira boshladi. Xadicha begim sabrsizlanib:
— Bu baloning balogardoni nedur? Shuni ayting, amirzodam! — dedi.
— Buning balogardoni barcha temuriyzodalarning birlashuvidir. Hamma viloyatlarga tavochilar yuborib, ellik-oltmish ming qoʻshin toʻplamoq kerak. Qish boʻyi bu qoʻshinni mashq qildirib, yagona bir sarkarda boshchiligida jangga tayyorlamoq kerak.
— Yagona sarkarda kim boʻlishi mumkin? — dedi Xadicha begim sergaklanib.

Qosimbek «yalt» etib Boburga qaradi. Hozir tirik qolgan temuriylar orasida Boburdan boshqa odam bu ishni eplolmasligi uning koʻnglidan oʻtdi. Ammo qoʻshin kimniki boʻlsa, hokimiyat ham oʻshaniki ekani azaldan ma’lum. Xadicha begim oʻgʻlining hokimiyatiga hech kimni yoʻlatmasligi ham aniq.

Bobur uning koʻngli uchun: «Yagona sarkarda — Muzaffar mirzo boʻlsinlar!» demoqchi boʻldi-yu, orqaroqda Zunnunbek oʻtirgani esiga tushdi. Zunnunbek bu gapni Badiuzzamon mirzoga yetkazsa, ikki oraga nifoq tushadi.
— Bosh sarkarda kim boʻlishini hazrat ogʻa-inilar oʻzlari hal qilmoqlari kerak, — dedi. — Bazmlarni toʻxtatib, butun e’tiborni mudofaaga qaratmoq kerak. Har bir kun gʻanimat, hazrat begim!

Xadicha begim Zunnunbek bilan Burunduqbekka murojaat qildi:
— Janob amirlar, sizlarning fikrlaringiz qalay?

Zunnunbek oʻsiq qoshlarini dikkaytirib, koʻzlarini Boburga qat’iyat bilan tikdi:
— Amirzodam Shayboniyxonning Movarounnahrdagi gʻalabalariyu xunxoʻrliklaridan bizni ogoh qilganlari yaxshi. Ammo Shayboniyxonning Movarounnahrda sinmagan qilichi Xurosonga kelib, albatta sinur! Men bunga aminmen, hazrat begim! Shuning uchun ortiqcha tashvishu tahlikaga oʻrin yoʻq, deb hisoblaymen.

Zunnunbek ishonch va e’tiqod bilan aytgan bu soʻzlardan Xadicha begim darhol yengil tortdi. Bobur esa Zunnunbekka taajjub bilan tikilib dedi:
— Karomatingiz iloho toʻgʻri kelsin, janob amir! Ammo bu karomatga qanday asoslar bor?
— Bu karomatni men emas, Hirotning eng obroʻli valiylari qilmishlar.

Zunnunbek shunday deb Xadicha begimga iymanibroq qarab qoʻydi. Bu qarashning ma’nosini tushungan Xadicha begim Boburga kulimsirab izoh berdi:
— Hirotning Qutb nomli mashhur valiysi bor. Shu vaqtgacha Qutb nimani karomat qilgan boʻlsa, hammasi toʻgʻri chiqmish. Qutbga tushida ayon boʻlurki, Shayboniyxonning qilichini amir Zunnunbek sindirurlar. Moʻ’tabar munajjimlar yulduzlarga qarab, bu karomatni tasdiq qildilar. Shundan soʻng valiylar Zunnunbekning yelkalariga muqaddas foʻta solib, nomlariga Hizabrulla unvonini qoʻshib aytadigan boʻldilar.

«Hizabrulla» — arabcha «ollohning arsloni», ya’ni «engilmas botir» degani edi. Arabchani yaxshi biladigan Bobur bu unvonning ma’nosini tushunib, istehzoli kulimsiradi:
— Janob Zunnunbekda arslonning yuragi borligiga shak-shubha yoʻq. Ammo hazrat begim valiylaru munajjimlarni tilga olganlarida faqir Saripulda Shayboniyxon bilan masof urushga chiqqan kunlarimni esladim. Mana, janob Qosimbek ham bor edilar. Shahobiddin nomlik munajjim kechasi osmonga qarab: «Sakkiz yulduz yelkangizda rost turur, ertaga urushga kirsangiz, zafar, albatta, sizniki boʻlgʻay!» — deb valiylik qildi. Biz shunga ishonib, Shahrisabzdan keladigan koʻmakni ham kutmasdan, maydonga chiqdik... Mana, haligacha oʻshal xatomizning azobini tortib yuribmiz.

Boburning gaplaridan Xadicha begimning yuzlari tundlashib, lablari atrofida burushiqlar paydo boʻldi. Zunnunbek esa oʻtirgan joyida asabiy toʻlgʻanib:
— Amirzodam, niyatni yaxshi qilmoq kerak! — dedi. Hirotning valiylari Samarqand munajjimlaridek nodon emaslar! Saripuldagi xatoni Hirotday ulugʻ shaharda hech kim takror etmagay!

Zunnunbek koʻzlari yonib, telbalanib gapirganini koʻrgan Burunduqbek uni bosishga tirishdi:
— Janob Zunnunbek, oliy mehmon bizga yaxshilik istab Kobulday joydan kelmishlar. Vaziyat xatarli ekanligi rost. Shoshilinch choralar oʻylamoq kerak!

Xadicha begim bahslashuvchilarni muloyimlik bilan yarashtirib qoʻyishga harakat qildi:
— Janob Zunnunbek, vaziyat chindan ham jiddiy, beparvo boʻlmaslik kerak. Ammo janob Burunduqbek ham bir narsani unutmasinlar: magʻlubiyatni koʻp koʻrgan odamga xatar goho aslidan kattaroq koʻrinur. Amirzodam siz koʻp tashvish chekmang. Shayboniyxon bizga tajovuz qilsa, oʻz tajovuzidan halok boʻlur!

* * *

— Xadicha begimdek koʻpni koʻrgan malika shayxlarning xushomad gapiga ishonib yurganlaridan men hayron, — dedi Bobur ertasi kuni Bogʻi Jahonoroda Badiuzzamon mirzo bilan gaplashib oʻtirganda.

Gavdasining shertaxlitligi va koʻzining qisiqligi otasi Husayn Boyqaroga oʻxshab ketadigan Badiuzzamon mirzo istehzo bilan kulimsiradi:
— Hayron boʻlmang, amirzodam. Ne qilsa ham ayol kishida, qisqa oʻylab oʻrgangan.
— Ammo bu kaltabinlikning kasofati hammaga urishi mumkin-ku, hazratim?
— Nachora? Suyukli farzandimiz Moʻmin mirzo ham shu begimning kasofatidan halok boʻlib ketdi!
— Hazratim, rahmatlik otangiz kayf ustida qilgan fojiaviy xatoni endi unuting!
— Unutolmaymen, chunki ayb marhum otamda emas edi! Sulton Sohibqiron Moʻmin mirzoni behad yaxshi koʻrar edilar, she’rlarini yod bilar edilar. Avvallari otamning menga ham mehrlari yaxshi edi. Axir men— taxt vorisi edim! Xadicha begim men bilan otamni dushman qilishning yoʻlini izlar edi. Moʻmin mirzo asir tushgach, bu yoʻl topildi — uni shirakayf podshohning farmoni bilan oʻldirdilaru men bilan otamni xundor dushmanga aylantirdilar. Shundan keyin begimning oʻgʻli Muzaffar mirzo mening oʻrnimga valiahd boʻldi. Bugungi sheriki podshohlik ham ana shu begimning ixtirosi! Men aniq bilamen: begim meni muvaqqat tojdor deb bilurlar. Meni yoʻq qilib, Muzaffar mirzoni yagona podshohga aylantirishning qulay paytini poylamoqdalar!

Bobur Badiuzzamon mirzoga Shayboniyxonni eslatdi:
— Hazratim, Shayboniyxon haqida ne yangi xabarlar bor?
— Xon Xorazmni olib, Samarqandga qaytgan emish...
— Undoq boʻlsa, xon endi Xuroson yurishiga chiqmoqchidur? — soʻradi Bobur.
— Darhol-a? Xorazm yurishidan soʻng biror yil dam olmasmikin?

Badiuzzamon mirzoning tusmol gaplari — uning dushman orasidan aniq xabar yuborib turadigan maxfiysi yoʻqligʻidan dalolat berardi. Oʻz inisining barcha mayda-chuyda sirlarini bilib turish uchun behisob maxfiylar yuborib qoʻygan podshoh bu ishni ashaddiy dushmani Shayboniyxonga nisbatan qilmayotgani Boburni tang qoldirdi.
— Hazratim, Shaybonixonning revu rangini[27] faqir ozroq koʻrganmen. Xonning maxfiylari hozir Hirotda darvish, yo savdogar, yoki navkar qiyofasida yurib, barcha zarur xabarlarni Samarqandga yetkazib turgan boʻlsalar kerak.

Boburning koyinib gapirganini sezgan Badiuzzamon mirzo kinoyamuz kuldi:
— Amirzodam, siz ham shohsiz, ehtimol, sizning maxfiylaringiz Samarqanddan yangi xabar yuborgandirlar?
— Men sizni otamdek e’zozlaymen, hazratim. Gap maxfiylarda emas. Faqir tajribadan shuni bilamenki, Shayboniyxon charchagan askarlarini bosib olgan viloyatda dam olish uchun qoldirib, avvaldan dam olib yotgan qoʻshini bilan darhol yangi yurishga otlanur. Uning butun kuchi shundaki, barcha ogʻa-ini, qarindosh-urugʻlari bilan bir tan-bir jon boʻlib, maydonga chiqur. Biz bu xatarli yogʻiy qarshisida ichki nizolarni unutmogʻimiz kerak. Biz ham bir tan-bir jon boʻlib, yagona sarkarda boshchiligida jangga astoydil tayyorlanib kirmasak, oqibati yomon boʻlishi ehtimoldan yiroq emas.
— Yagona sarkarda, dedingizmi? Kim bizga sarkarda boʻlmoqchi, amirzodam?

Birinchilikni talashayotgan bu ikki ogʻa-ini «Menga boʻlmasa, unga ham boʻlmasin!» deyishga tayyor ekanligi Boburga hozir aniqroq sezildi. Raqib ogʻa-ini talashayotgan mamlakat ulardan faqat biriga yoki amakivachchalari Boburga tekkanidan koʻra yetti yot begonaga tekkani afzalroq. Chunki begonalar ularning bunchalik baxilligini keltirmas edi.
— Nahotki jangga ham alohida-alohida chiqmoqchisizlar? — dedi Bobur.
— Nachora? Har kimning oʻz cherigi, oʻz sarkardasi bor. Men Muzaffar mirzoga ishonmaymen. Ammo siz bilan har qanday jangga birga kirishga tayyormen. Chunki sizga ishonamen. Amirzodam, siz Hirotda qoling! Neki darkor boʻlsa ayting! Muhayyo qilurmiz.

Bobur ogʻa-inining faqat shu nuqtada yakdil ekanini sezdi. Jang koʻrgan Bobur butun bek va navkarlari bilan Hirotda qolsa-yu, vaqti kelib, jangga birga chiqsa ularning mushkullari osonroq boʻladiganga oʻxshardi.

Ammo ogʻa-inining qoʻsh hokimiyati Boburga tagi chirib teshilgan kemaga oʻxshab koʻrinardi. U bu kemada qolsa paymonasi toʻlgan ogʻa-iniga qoʻshilib gʻarq boʻlishi muqarrarligini tobora aniq his qilmoqda edi.

Ertasi kuni peshin namozidan keyin Unsiyaga Boburni koʻrish uchun kelgan mavlono Fazliddin navkaru savdarlarning koʻch yigʻishtirayotgan va safarga hozirlanayotganlarini sezdi. Yoʻlakda togʻasiga duch kelib qolgan Tohir:
— E, xayriyat, oʻzingiz keldingiz, mulla togʻa! — dedi.
— Ha, ne gap jiyanim?
— Ertaga tongda Hirotdan joʻnab keturmiz.
— Kobulgami?
— Ha, — deb shivirladi Tohir. — Lekin podshohlar buni bilmasinlar. Ruxsati oliy shahar tashqarisida qishlamoq uchun berildi. Hammaga «Xurosonda qishlagaymiz» deb e’lon qilindi. Siz ham bildirmang.

Mavlono Fazliddinning ruhi tushib:
— Obbo, — dedi. — Bizni sagʻirdek mungʻaytirib ketar ekansizlar-da?
— Qish chiqsa, siz ham Kobulga koʻchib boring. Oʻtgan gal uchrashganingizda Bobur mirzo oʻzlari taklif qildilar-ku.
— Koʻchib borish osonmi, jiyanim? Bir oy-qirq kunlik yoʻl... Ayolmand odammiz...

Mavlono Fazliddin xomush boʻlib Boburning qabulxonasiga qarab ketdi. Bir vaqtlar Alisher Navoiyning qabulxonasi boʻlgan koʻrkam tanobiyning zarrin oʻymakor eshigi oldida yasovul yigit turgan edi. U ichkariga kirib, tez qaytib chiqdi-yu, eshikni ochib, mavlonoga yoʻl berdi.

Uy toʻrida Bobur bilan suhbatlashib oʻltirgan kishilarni mavlono bir qarashda tanidi. Navoiyning nadimlaridan boʻlgan qirq besh yoshlardagi koʻsa odam— shoir Sulton Muhammad edi. Undan beriga mashhur xattot Sulton Ali Mashhadiy choʻkkalagan. Boburning oʻng tomonida Kamoliddin Behzod va Xondamir oʻtirishibdi.

Shoir Sulton Muhammadning koʻzlari isyonkorona chaqnadi.
— Ularga buni soʻz bilan emas, faqat shamshir bilan uqtirish mumkin!

Xondamir eshik tomonga xavotirli koʻz tashlab qoʻydi. Bir vaqtlar Alisher Navoiydek odamga maxfiylarini yuborib qoʻygan podshohlar Boburning ketiga ham odam qoʻygan boʻlishlari mumkin edi.

Sulton Ali Mashhadiy suhbatni xatarli mavzulardan nariroq olib ketish uchun yonida turgan charm juzdonni ochdi-da, bir dasta zarvaraq oldi.
— Faqir oliy mehmonimizning gʻazallaridan bir nechasini koʻchirib kelgan edim.

Varaqlar qoʻldan-qoʻl oʻta boshladi. Xattotning ajoyib san’ati tufayli har bir harf nafis va tirik tasvirga aylangan edi. Xondamir satrlarga koʻz yugurtirib:
— O! — dedi hayrat bilan. Koʻp shoirlar «yor»ni ilohiylashtirib, butun najotni «yor» dan izlab oʻrganmishlar. Amirzodam bu odatiy aldanishlarga qarshi isyon qilgan kabi yozmishlar: Jonimdan oʻzga yori vafodor topmadim,
Koʻnglimdan oʻzga mahrami asror topmadim...
Bobur, oʻzingni oʻrgata koʻr yorsizki, men —
Istab jahonni, muncha qilib yor topmadim!
— Mardona soʻzlar! — dedi Behzod Boburga qarab.— Siz ming marta haqsiz! Odam oʻziga ham ishonmogʻi kerak!
— Minnatdormen, mavlono.

Shoir Sulton Muhammadga ikkinchi she’rning matlai yoqqan edi.
— Eshiting, janoblar:

Sendek menga bir yori jafokor topilmas,

Mendek senga bir zori vafodor topilmas.

Mavlono Fazliddin ogʻir tin oldi:
— Hozirgina soʻzlashgan dardimizni aytmishlar!

Bobur maqtovlardan xiyol oʻngʻaysizlanib:
— Janoblar, — dedi, — men sizlardek san’atkorlar bilan uchrashib, suhbatlashganim uchun tangriga shukr qilamen. Faqirning qogʻozni qoralab yozgan satrlarim mavlono Mashhadiyning tengsiz san’atlari tufayli sizlarga shunchalik manzur boʻldi. Joiz boʻlsa, gʻazallardan xotira uchun mavlonolarga bir nusxadan bermoqchimen.
— Ayni muddao! — dedi Xondamir quvonib.

Bobur gʻazallaridan ataylab uch-toʻrt nusxadan koʻchirtirgan edi. Xondamirga, Behzodga, Sulton Muhammadga oʻzlari yoqtirgan gʻazallardan bir nusxadan berdi. Ular shoir va xattotning hurmatlari uchun gʻazal bitilgan zarvaraqlarni olib, non kabi koʻzlariga surtib qabul qildilar. Bobur soʻnggi gʻazaldan bir nusxasini mavlono Fazliddinga uzatib:
— Mavlono, biz siz bilan faqat vatandosh emasmiz, hamdardu hasratdoshmiz, — dedi.

Mavlono Fazliddin gʻazalni olib koʻziga surtdi-yu:
— Men aminmen, Hirotda bitilgan ushbu gʻazal tez kunda Samarqandu Andijonga ham yetib borur, — dedi.— Xudo amirzodam bilan bizni ham vatanga sogʻ-salomat qaytgulik qilsin!
— Aytganingiz kelsin, mavlono!

Bobur Qosimbekni chaqirtirdi va Sulton Ali Mash-hadiyga gʻazallarni san’atkorona koʻchirganligi uchun oltin tugmalik kimxob toʻn kiydirdi.

Soʻng u mavlonolarni hovliga kuzatib chiqdi. Hammalari xayrlashayotganlarida me’morga qarab:
— Balki kelgusi yilda Kobulga borursiz, mavlono? — dedi. — Rost, katta me’morlik obidalari qurishga hali imkonimiz yoʻq. Kobul hozir Hirotga nisbatan chekka bir viloyat. Ulugʻ san’atkorlarga makon boʻlarlik saroyimiz yoʻq. Lekin xudodan umidimiz borki, kelgusida tole bizga ham kulib boqqay, biz ham ulugʻ san’atkorlarga makon beradigan kunlarga yetgaymiz!
— Taklifingizni bajonidil qabul qilurmen! — dedi mavlono Fazliddin.
— Amirzodam, — dedi Xondamir. — Alisher Navoiyning dargohlarida qilgan pokiza niyatingiz ilohim roʻyobga chiqsin! Ilohim hazrat Alisherning ruhlari hamisha sizga madadkor boʻlsin!

Bu tilakka hammalari sidqidildan qoʻshilib, yuzlariga fotiha tortdilar.

* * *

Ertalab kun chiqayotganda Bobur xos navkarlari va beklari bilan Hirotning tashqarisidagi keng bogʻ-koʻchadan ketib borar edi. Koʻchaning ikki tomonida Hirot a’yonlarining gʻishtin devorli, koshinkor gumbazli koʻshk va chorbogʻlari bor edi. Salobatli bir bogʻ hovlining baland devori yonidan oʻtayotganlarida, devor tepasidan kimdir uch-toʻrtta atirgul tashladi. Toʻq qizil rangli gullardan biri Bobur mingan saman otning oʻsiq yoliga kelib tushdi. Gulning tikanlari ot yoliga ilinib qolganini koʻrgan Bobur devor tepasiga qaradi-yu, yosh bir qizning qiygʻoch qoshlarini va qosh ustiga bostirib kiygan guldor toqisini koʻrdi. Keyin u ot yoliga ilinib qolgan gulni qoʻliga olib, labiga yaqinlashtirdi.

Uzoqda yastanib turgan Zanjirgoh togʻlarining baland choʻqqilariga qor tushgan edi. Hirotning kech kuzida nima ham boʻlib ochilgan bu gulning ajib hidi bor edi. Bobur gulning xush boʻyi dimogʻiga urilgan zahoti jilovni beixtiyor tortib, otini toʻxtatdi. Uzangiga oyoqlarini tirab, egardan boʻy choʻzdi-da, devor tepasidagi qizga tikilib qaradi. Endi unga qizning olov chaqnatib turgan qop-qora koʻzlari, bu koʻzlarga nihoyatda yarashgan gulrang yonoqlari aniq koʻrindi. Bobur bu koʻchadan avval ham oʻtgan edi. Qiz avvalari ham uni koʻrib, tanib qolgan ekanmi, koʻzlari moʻltirab va uyalib bosh egdi. Bu uning salom berganimidi yoki xayrlashganimidi? Oʻn yetti-oʻn sakkiz yoshlardagi bu qizning jozibasiyu moʻltirab bosh egishi Boburga shunday ta’sir qildiki, u bir lahza nima qilishini bilmay esankirab turdi.

Bu orada boshqa mulozimlar ham qizni koʻrib otlarini toʻxtatgan edilar. Boburni Muzaffar mirzoning Hirot boʻyicha dorugʻasi Yusuf Alibek kuzatib bormoqda edi. Qirq yoshlardan oshgan koʻngilchan bu bek devor tepasidagi qizni tanib kuldi-yu:
— Iye, Mohimmisiz! — dedi. — Obbo, Mohchuchuk-ey, katta qiz boʻlib qolibsiz-a!

Qiz goʻyo endi oʻziga keldi, «lip» etib, boshini devor ortiga oldi-yu, koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Yuzi qandaydir ichki olovning taftidan qizargan, koʻzlari gʻalati chaqnagan Bobur Yusuf Alibekdan shoshib soʻradi:
— Kim? Kim dedingiz?
— Amirzodam, bu hovli Sulton Sohibqironning uzoq qarindoshlaridan biriga qarashli. Qizning otasi Husayn Boyqaroning nufuzli devonboshilaridan edilar. Bordi-keldimiz bor edi.
— Hozir bormilar?
— Borlaru, lekin... davlat ishidan chetlanmishlar.
— Nechun?
— Bilmadim, hozirgi podshohlarimiz bilan oralari yaxshi boʻlmasa kerak. Qandahorgami, Gʻaznagami koʻchib ketish taraddusida emishlar, deb eshitdim.

Otlar yurib bormoqda edi. Bobur Mohim deb atalgan qizning tobora uzoqda qolayotganini oʻylab, koʻnglida kuchli bir armon sezdi. Yigirma kun Hirotda yurib, bu qizni nega faqat endi, joʻnab ketayotgan paytda koʻrdi?

Bobur hali ham qoʻlida ushlab borayotgan gulga qaradi. Boyagi goʻzal qiz Hirotning butun nafosatini oʻz jozibasi bilan birga mana shu gulga muattar hid kabi joylab berganga oʻxshar edi.

Bobur gulni yana bir hidladi-da, boshidagi sallasining qatiga koʻzga uncha tashlanmaydigan qilib qistirib qoʻydi.

Lekin undagi nafis bir hayajonni Qosimbek zimdan kuzatib bormoqda edi. Boburga otadek gʻamxoʻr boʻlgan bu odam shunday koʻhlik yigitga munosib bir qiz uchrashini koʻpdan beri kutib yurardi. Bobur esa koʻz ochib koʻrgan yostiqdoshi Oyisha begimning bevafoligi-dan qattiq ozor chekkani uchun ayol zotidan tortinar, ancha-muncha qizlarga moyillik bildirmas edi. Hirot malikasi Xadicha begim uni asilzoda xonadonlarga kuyov qilishga urinib koʻrdi. Bobur roʻyxushlik bermadi.

Marhum Sulton Ahmad mirzoning kichik qizi Ma’suma begim onasi bilan Samarqanddan Hirotga kelib qolgan ekan. Kayvoni ayollar oraga tushib, bir mehmondorchilik paytida Boburni Ma’suma begim bilan uchrashtirdilar. Qiz juda nazokatli va goʻzal edi. Ammo Qosimbek uni koʻrganda Toshkentda qolgan Oyisha begimni esladi.

Chindan ham Ma’suma begim — Oyisha begimning singlisi edi. Bobur orada turgan hirotlik amma-xolalarning koʻngliga qarab, qizga moyillik bildirgan boʻldi, lekin toʻyni paysalga soldi. Qosimbek orqali shunday javob ayttirdi:
— Ma’suma begim onalari bilan Kobulga borsalar...

Qizning onasi:
— Xoʻp, Kobulga borgaymiz, — deb va’da berdi.

Lekin Qosimbek bu nozikkina qizning Hindikush togʻlari osha Kobulga yetib borishiga uncha ishonmasdi. Yetib borganda ham Boburning boshi ustida charx urib yurgan intihosiz mushkulotlariga bardosh berolmasa kerak, deb oʻylardi.

Ammo bogʻ koʻcha devoridan gul tashlagan Mohim ismlik olov qizning yuz-koʻzlarida nafis goʻzallikka yoʻgʻrilgan qudratli bir ohanrabo bor edi. Ana shu ohanrabo Boburni hamon oʻziga tortib turar edi.

Bogʻ koʻchadan keng dalaga chiqqanlarida Bobur sallasi qatidagi pushti rang atirgulni sekin qoʻliga olib, yana bir hidlab koʻrdi. Shunda devordan moʻralagan qiz uning koʻz oldi-da qaytadan gavdalandi-yu, butun borligʻini nafis va shirin tuygʻularga toʻldirdi. «Shuncha qilib, istab jahonni yor topmadim!» degan Boburga balki shu qiz yor boʻlar? Nega undan bu qadar tez ayrildi? Nahotki bu qizni qayta koʻrish nasib qilmasa?

Qosimbek otini Boburning otiga yaqin keltirib, past tovush bilan soʻradi:
— Amirzodam, bu atirgul qaysi gulzorda oʻsganini surushtirib koʻraymi?..
— Ixtiyoringiz, — dedi Bobur uyalinqirab.
— Qizning otalari Husayn Boyqaroga xesh boʻlsalar, men bu xonadon bilan albatta aloqa bogʻlagaymen.

Bobur bu rejani ma’qullagan ma’noda bosh irgʻadi.
— Amirzodam, agar yulduzi yulduzingizga toʻgʻri kelsa, men Mohim bonuni Hirotdanmi, Qandahor yoki Gʻaznadanmi, qayerdan boʻlsa ham, albatta izlab topgaymen!

Hindikush, Kobul - Oʻlim Bilan Yuzma-Yuz

Xirotdan uzoqlashganlari sari goʻzallik va nafosat nuriga yoʻgʻrilgan iliq tuygʻular oʻrnini Hindikush togʻining bahaybat qoyatoshlari va uning sovuq muzlariga oʻxshaydigan xavotirliklar egallay boshladi. Boburning Kobuldan chiqib kelganiga uch oydan oshyapti, lekin u yerdagi ishonchli odamlardan xabar kelmayapti. Ora uzoq — otda bir oy-qirq kunlik yoʻl. Karvon bilan Kobuldan kelgan savdogarlar noxush ovozalar eshitibdi. Goʻyo Bobur mirzo Hirot tojdorlari bilan yovlashib qolganmish, uni Ixtiyoriddin qal’asiga qamab qoʻyganmishlar.

Hisorda Xisravshohdan ajralib kelib, Bobur xizmatiga kirgan yigirma ming moʻgʻul sipohilari bu xabarga asoslanib, Kobulda oʻz hokimiyatlarini oʻrnatish harakatiga tushganmish. Moʻgʻullarning dugʻlat qavmidan boʻlgan Muhammad Husayn (avvalgi Oʻratepa hokimi) fitnachilarga bosh boʻlmoqda emish. Ammo Kobul dorugʻasi Mulla Bobo Boburga sadoqat saqlab, qoʻrgʻon darvozalarini berkitib olganmish. Agar shu gaplar rost boʻlsa, qoʻrgʻon qamalda qoladi. Ammo tashqaridan yigirma ming qoʻshin hujum qilsa, qoʻrgʻonni egallashi hech gap emas. Unda Bobur Samarqand tufayli Andijondan ayrilgani kabi, Hirot sababli Kobuldan ham ajralib, yana ora yoʻlda muallaq qolishi mumkin.

Bu xatarning oldini olish uchun Bobur Kobulga tezroq yetib borish harakatiga tushdi.

Aksiga olib, qish erta boshlandi. Qavs oyidayoq togʻ etaklariga yoqqan qalin qor otlarning tizzasiga yetib bordi. Chaxcharon degan joyda Bobur beklarni mashvaratga toʻpladi.
— Dovonlar bekilgandir, — dedi Xoʻja Kalonbek.— Qandahor orqali borsak, yoʻl tekis. Hindikushni aylanib oʻtgaymiz.
— Aylanib oʻtganingizgacha qirq-ellik kun vaqt ketgay! — e’tiroz qildi Qosimbek. — Ungacha moʻgʻullar Kobul qoʻrgʻonini egallab olsa, keyin ne qilgaymiz?
— Xudo koʻrsatmasin! — dedi Bobur. — Ilohim bu mishmish yolgʻon chiqsin!
— Ammo shamol boʻlmasa terakning uchi qimirlamagay, amirzodam! Kobulga tezroq yetib bormogʻimiz shart! Toʻgʻridagi Koʻtali Zarrindan oshsak Qandahor yoʻliga nisbatan masofa ikki barobar qisqargay. Bir oy vaqt yutgaymiz!
— Unday boʻlsa, mayli, janob Qosimbekning taklifini qabul qilaylik. Faqat dovon yoʻlini yaxshi biladigan yoʻlboshchi topish kerak.
— Bunisi menga tan! — dedi Qosimbek.

Ertasi kuni yana qor yogʻa boshladi. Bobur qoʻriqchi yigitlari bilan otlanib chiqayotganda Qosimbek af-gʻonlarning pashoyi qabilasi yashaydigan qishloqdan Sulton degan bir yoʻl koʻrsatuvchini topib keldi.

Olachipor salla oʻragan, baland boʻyli, burni uzun, jingalak soqoliga oq oralagan bu odamning yuzi Boburga allanechuk tund koʻrindi. Bobur u bilan ot ustida turib dariy tilida soʻzlashdi:
— Qishda Koʻtali Zarrindan oʻtish mumkinmi yoʻqmi?
— Oʻtganlar bor, — dedi Sulton. — Ammo bu yil qor juda koʻp. Koʻchki bosib qolishidan qoʻrqmasangiz...
— Siz qoʻrqmasangiz biz nechun qoʻrqaylik?..
— Men qishda oʻtsam, bir oʻlimni zimmamga olib oʻtaman. Ketishda uydagilardan rozi-rizolik soʻrab yoʻlga chiqaman. Qaytib kelmasligim mumkin.

Bobur Qosimbek tomonga oʻgirilib turkiy tilda soʻradi:
— Nafasi muncha sovuq? Boshqasi yoʻqmidi?
— Boshqalari unamadi. «Dovon bekilgan, jon kerak!» deyishdi.
— Bizga jon kerak emasmi?
— E, bular shunaqa vahima qilib, qadrini oshirgay! Mana shu Sulton qishda ham Koʻtali Zarrindan oʻtgan ekan. Kadxudosi aytdi!

Sulton pashoyi soqoliga ingan qor zarralarini kafti bilan sidirib tashlar ekan, istehzoli kulimsirab qoʻydi. Bobur uning turkiychani tushunishini sezdi, ammo is-tehzosini yoqtirmadi. Sultonning dilida ortiqcha gʻururmi, kuduratmi, sovuq bir narsa bordek tuyuldi.
— Janob Qosimbek, odamlarimizni ortiqcha xatarlarga giriftor qilmaylik. Hali ham boʻlsa Qandahor yoʻliga qaytaylik!
— Ammo vaqtni boy bersak, Kobul ilikdan ketgay, amirzodam! Siz bilan biz qancha xatarli dovonlardan oshganmiz! Hisor togʻlaridan qor boʻronlari tagida dahshatli uchmalar, sekirtmalardan oʻtib, Iskandarkoʻl-ga tushganimiz yodingizdami? Xudo asraymen desa, hech gap emas!
— Xayr, bu gal ham xudo oʻzi asrasin! — deb Bobur Sultonning yoʻl koʻrsatuvchi boʻlishiga rozilik berdi.

Sulton uyiga borib, chindan ham onasidan, xotini va boʻy yetgan farzandlaridan rozi-rizolik soʻrab chiqdi. Uning oʻziga toʻq, badavlat oilasi bor, sayisxonasidagi sakkizta otiga maxsus otboqar qaraydi. Bu gal qishda yoʻl koʻrsatuvchi boʻlishdan maqsadi faqat pul ishlash emas. Yoshlikdan unga tinchlik bermay kelayotgan alam va intiqom tuygʻusi uning shu ishga bosh qoʻshishiga sabab boʻldi.

U Qosimbekka rozilik berishdan oldin, dovondan oʻtmoqchi boʻlayotganlarning kimligini surishtirib bildi. Bobur — temuriylardan ekani, Abusaid mirzo uning bobosi boʻlgani Sultonning oʻn yosharlik paytida boshdan kechirgan fojealarni esiga soldi.

Sultonning ota-bobolari Shohruh mirzo bilan yaxshi hamkorlik qilgan badavlat odamlar edi. Shohruhning oʻlimidan keyin boshlangan algʻov-dalgʻovlarda Turondan Abusaid mirzo oʻgʻli Mahmud mirzo bilan Xurosonga bostirib keldilar. Sultonning otasi Shohruh mirzodan koʻp yaxshilik koʻrgani uchun uning nevaralariga yon bosdi.

Lekin Abusaid mirzo gʻolib kelib, Shohruhning koʻpchilik nevaralarini qilichdan oʻtkazdirdi. Sultonning otasi va akasini ham shohruhiylar tomonida turgani uchun boshlarini kesdirdi. Hovlilarida bor mol-hollarini, onasining boʻqchalaridagi narsalarigacha talab ketishdi. Bu ham ozlik qilganday, Sultonning oʻn besh yoshlik chiroyli opasini asira qilib olib ketdilar. Keyin eshitsalar, uni Abusaid mirzo haramiga bir necha kunlik joriya qilib beribdilar...

Ustma-ust kelgan bu baxtsizliklardan Sultonning onasi kasal boʻlib yotib qoldi. Lekin ularning badavlat qarindoshlari bor edi. Ogʻir paytda ular yordam qoʻlini choʻzdilar. Sulton yigit yoshiga yetguncha zamonlar ham bir qadar tinchidi, karvonlar koʻp qatnaydigan boʻldi. Sulton karvonlarga yoʻl koʻrsatuvchilik qildi, savdo-sotiqdan ham yaxshi daromadlar olib, roʻzgʻorini butlab oldi.

Hozir qahraton qish kunida uyida oilasi bilan tinchgina oʻltirishi mumkin. Lekin Bobur ham bu yerlarga bobosi Abusaid mirzoning izidan kelganligi Sultonning dilidagi qasoskor tuygʻularni uygʻotib yubordi. Nohaq oʻldirilgan otasi va akasi, nomusi toptalgan opasi uchun mana bu temuriyzodadan xun talab qilib qasd olishga haqqi yoʻqmi? Bu ham oʻsha kelgindi fotihlarning biriku. Turondan kelib bu yerlarda xoʻjayin boʻlib yuribdi. Qani, Hindikush togʻiga ham xoʻjayin boʻlib koʻrsin-chi?! Sulton oʻz xundor dushmanini eng mashaqqatli yoʻllardan boshlab boradi, uning azob tortganlarini koʻrib bir alamdan chiqadi. Ilojini topsa, dovon yoʻllarida qor boʻronlariga koʻmib qaytadi. Shu bilan otasi va akasining ruhlari oldidagi qiyomatlik burchini bajargan boʻlmaydimi?

Sulton shu oʻy bilan sayisxonaga kirdi. Togʻlarda yaxshi yuradigan eng baqquvvat qora qashqa otini egarladi. Jun xurjunga ikki haftaga yetadigan qilib qovurdoq goʻsht, yogʻliq patir va boshqa yeguliklar soldirdi. Oʻzi qalin poʻstin kiyib, yana ikkita jun chakmon, issiq quloqchin, «joʻrab» deb ataladigan qalin paypoqlar oldi. Otlarga yem-xashakni ham unutmadi. Poʻstin tagidan beliga xanjar taqib oldi. Hamma yuklarini qizgʻish rangli miqti otga orttirdi-da, uni yetovga oldi.

Bobur va Qosimbek boshliq beku navkarlar uch yuz kishidan ortiq. Koʻpchiligining yetovda oti bor. Tuyalarga turli yuklar, chodir va yigʻma oʻtovlar ortilgan. Qish kuni bularning hammasini oziq-ovqat va yem-xashak bilan ta’minlash oson emas.

Avvalgi hokimlarning odatini yaxshi biladigan Sulton: «Bular ham aholining mol-holini zoʻravonlik bilan tortib olib zaxira yigʻsa kerak», deb oʻyladi.

Ammo Bobur xazinachiga buyurib, hamma zaxiralar uchun oltin-kumush tanga toʻlatdi. Hatto yem-xashakni va qor kuraydigan yogʻoch kuraklarni ham tangaga sotib olishdi.

Koʻz ilgʻagan hamma joy oppoq qorga burkangan. Sulton qora qashqa otda oldinda yoʻl boshlab boradi. Bobur va Qosimbeklar uning ketidan otliq kelishmoqda. Orqada yuzlab beku navkarlar yetovdagi otlar va yuk ortilgan tuyalari bilan turnaqator boʻlib tizilib yoʻl yuradi.

Bir haftadan beri har kuni qor yogʻadi. Goho qalin bulutlar yirtigʻidan oftob xiragina boʻlib koʻrinadi-da, koʻp oʻtmay yoʻq boʻlib ketadi.

Oppoq toza qor koʻzni oladi. Soʻng yana maydalab qor yogʻishga tushadi.

Yoʻllar qor tagida koʻrinmay ketgan. Sulton bolalikdan yaxshi biladigan tepaliklar, jilgʻalar va qoyatoshlarga qarab tusmol bilan yoʻl boshlab boradi. Togʻ etaklarida ularga bironta qoʻy suruvi, bironta qoramol uchramaydi— chorva yeydigan oʻt-oʻlanlar qor tagida qolib ketgan. Hatto kakliklar ham bu qorda don topolmay pastliklarga tushib kelgan. Ular qalin qorda durust ucholmay qolarkan, qanotlarini yozib, qorga tiqilib qolgan kakliklardan besh-oʻntasini yigitlar yoʻl boʻyidan tutib oldilar:
— Kechqurun tunashga toʻxtaganda kabob qilgaymiz!— deyishib, xurjunlariga joyladilar.

Togʻ oraliqlariga kirganlarida qor otning tizzasidan balandga chiqdi. Qish chillasi qahrli, sovuqning qattiqligidan oyoq taglarida gʻarchillagan qorning tovushi togʻ yonlaridan aks-sado boʻlib qaytadi. Yuqoriga koʻtarilganlari sari yurish qiyinlashadi, ot-ulovlar burunlaridan hovur chiqarib ogʻir-ogʻir nafas olishadi, horgʻin pishqirishadi.

Beku navkarlarning ogʻizlaridan chiqqan hovur yogʻayotgan qorga qoʻshilib, soqol-moʻylovlarga oppoq qirov boʻlib yopishadi va hammani moʻysafidga oʻxshatib koʻrsatadi.

Qish kuni qisqa, dovonga yetib borolmadilar. Kech kirganda nina bargli bolut daraxtlari oʻsib yotgan oʻrmonda toʻxtadilar. Tekisroq joylar topib, qorini kurab tashladilarda, oʻrmondan oʻtin kesib kelib, gulxanlar yoqdilar. Gulxan atroflarini erigan qorlardan tozalab, Bobur, Qosimbek va boshqa e’tiborli a’yonlar uchun chodirlar tikdilar. Yigit-yalanglar qori kuralgan yerlarga qalin kigizlar toʻshab oʻltirdilar. Yuklar orasida qozon-tovoqlar ham bor ekan. Kunduz kuni tutilgan kakliklardan qilingan kabobning oldi Bobur va Qosimbekka suzildi. Gulxan olovida qovurdoqlar ham tayyorlandi.

Sulton mayxoʻrlik ham boʻlishini kutgan edi. Lekin u hamroh boʻlib borayotgan beku navkarlarning oʻzaro gap-soʻzlaridan shuni bildiki, yigirma besh yoshlik Bobur hali umrida may ichmagan namozxon yigit. Uning shunday qor sovuqlarida ham tahorat olib namoz oʻqiganini safar paytida bir necha marta koʻrgan Sulton oʻzicha taajjublanib qoʻydi.

Ertasi kuni yana dovon tomonga koʻtarilib borayotganlarida qorning qalinligi otning oʻmrovigacha chiqdi. Otlar sal ilgarilaganlaridan soʻng oyoqlari yerga tegmay, qorga botib toʻxtab qolishdi.

Qosimbek yigitlarga kurak bilan yoʻl ochishni buyurdi. Besh-olti kishi kurak olib oldinga oʻtdi. Ammo qalinligi odamning koʻkragiga chiqadigan qorni kurak bilan uddalab boʻlmas, ikki-uch qadam yoʻl ochguncha bir dunyo vaqt ketardi.
— E, bu boʻlmas ekan, — dedi Bobur. — Bir kunda ikki chaqirim yoʻl bossak qachon yetgaymiz?

Sulton oldinga oʻtdi-da, qorni tepa-tepa shibbalab, birpasda toʻrt-besh qadam yoʻl qildi.
— Buni biz tajribada koʻrganmiz, — dedi Sulton Boburga. — Yigitlaringizga buyuring, mana shunday qor tepib yoʻl ochsinlar. Boshqa iloj yoʻq!

Qosimbek «Qandahor orqali tekis yoʻl bilan boraylik!» degan taklifga koʻnmagani va dovon yoʻlidan yurishga sababchi boʻlgani uchun Boburdan xijolat chekmoqda edi. Shu sababli oʻgʻillari Tangiberdi va Qambaralini ikki yoniga olib, hammadan oldin oʻzi qor tepishga kirishdi. Orqadan yana Tohir boshliq toʻrt-besh yigit oldinga oʻtib, qorni gʻarchillatib shibbalashga tushdilar.

Birpasda yuz qadamcha soʻqmoq yoʻl hosil boʻldi. Undan otlarni yetaklab oʻtishga toʻgʻri kelardi. Qor tepayotgan Qosimbek hansirab dedi:
— Otni zoʻr jonivor derdik, bunday qorga odam otdan ham zoʻr boʻlarkan!

Orqada yoʻl ochilishini kutib otliq turgan beku navkarlar koʻpchilik edi. Bu qattiq sovuqda ularning otdan tushgilari kelmasdi, chunki otning badanidan ozgina boʻlsa ham issiqlik chiqib, suvoriyga iliq tapti urib turar, pastdagi odam boʻyi qor esa kafanday sovuq tuyulardi. Juda sekinlik bilan ilgarilab borishar, bu ketishda bir kunlik yoʻl bir haftaga choʻzilishi muqarrar edi. Ishboshi boʻlib turgan Sulton har zamonda Bobur tomonga koʻz tashlab qoʻyardi. «Qor qamalida qolayotgan bu temuriyzoda endi ne qilarkin?» deb uni zimdan kuzatardi.

Sulton Boburning sovqotib asabiylashishini, yoʻl juda sekinlab qolganidan tajang boʻlishini, odamlariga baqirib-soʻkinib ish buyurishini, aytganini qilmaganlar boʻlsa qamchi bilan savalashini kutmoqda edi. Otasi va akasini oʻlimga buyurgan hukmdorlar qiyofasida Sulton ana shunaqa zolimlarni koʻrgan, bugun esa ulardan birining talvasaga tushishiga guvoh boʻlib, bir alamdan chiqqisi kelar edi.

Biroq Bobur jim. U oldinda qor tepayotgan keksa Qosimbekning hansirab, holdan ketib qolayotganini koʻrdida, indamay otidan tushdi. Oldinga oʻtib, Qosimbekning yoniga bordi:
— Bas, siz endi nafasni roslang! — dedi, soʻng uning oʻrniga qor tepib yoʻl ocha boshladi.

Orqada yoʻl ochilishini kutib, otdan tushmay oʻltirgan beku navkarlar endi bunga loqayd qarab turolmadilar. Boburning indamay koʻp qatori ishga tushib ketgani orqadagilarga zugʻum qilib buyruq bergandan koʻra kuchliroq ta’sir qildi. Yigitlardan yigirma-oʻttiztasi apil-tapil otlaridan tushib, Bobur tomonga shoshildilar.

Balandga koʻtarilganlari sari havo siyraklashib, nafas olish qiyinlashar, qirchillama sovuq buning ustiga qoʻshilar, eng baquvvat yigitlar ham yigirma-oʻttiz qadam yoʻl ochguncha charchab, hansirab chetga chiqardi. Ikki-uch marta bu ishni qilib chiqqan odam-larning koʻpi toʻrtinchi-beshinchi daf’a qor tepishga yaramay qolardi.

Ammo Bobur eng pahlavon yigitlar qatori qayta-qayta oldinga oʻtib, bir hafta davomida odamlariga yoʻl ochib borgani Sultonni lol qoldirdi. Beku navkarlar oʻzaro gaplashganda:
— Amirzodamga koʻz tegmasin, alplarday pahlavonligi bor! — deb qoʻyishardi.
— Sarkardang boʻlsa shunday boʻlsin!

Sulton ham ichida: «Xudo bu yigitga kuch-quvvatni ham, himmatni ham ayamay berganga oʻxshaydi», deb qoʻydi. Kech kirganda baland bir yalanglikka koʻtarildilar. Bundan narida dovon boshlanishi kerak edi. Lekin bu balandlikda qor boʻroni boshlandi. Qattiq shamol qor uchqunlarini yuz-koʻzga keltirib ura boshladi. Sovuqning shiddati bir necha barobar oshib ketdi.

Havoli Kutiy deb ataladigan bu baland joyda shamol-pana togʻ kamarlari borligini Sulton bilardi. U kichikroq bir kamarga Qosimbekni boshlab kirdi.

Ammo bu kamarga toʻrt-beshta odam zoʻrgʻa sigʻardi. Qosimbek Boburni ham ichkariga taklif qildi.

Yuzlab odam tashqarida qor boʻroni ostida diydirab turibdi. Suyak-suyaklargacha yetib borayotgan achchiq sovuqning zahriga dahshatli qor boʻronining zarbi qoʻshilyapti.

Agar odamlar shu ochiq joyda tunashga majbur boʻlsa, ularning koʻpi muzlab qolishi muqarrar. Oʻlim xavfini sezgan navkarlardan biri:
— E-voh, jasadimiz qor tagida qolsa, bizni kim topib dafn etgay? — dedi.
— Qordan kafan kiygaymizmi-a? — dedi ikkinchi navkar.
— Hindikush deb bejiz aytmas ekanlar! Bu togʻ odamkush toqqa oʻxshaydir!

Bobur bu navkarlarni ovozidan tanib, ularning oldiga keldi.
— Mirzoquli, niyatni yaxshi qilinglar! Xudo xohlasa, bu qor qamalidan eson-omon chiqib ketgaymiz. Mamatbek, kuraklaring bormi?
— Bor! — deb Tohirning samarqandlik doʻsti Mamat otining egariga tangʻib bogʻlangan kurakni Boburga olib berdi.

Bobur eniga va boʻyiga uch-toʻrt qadam keladigan joyning qorini kuray boshladi. Mamat podshohga qor kuratib, oʻzi qarab turishga uyaldi, kurakni Boburning qoʻlidan oldi:
— Bu yerda ne qilmoqchisiz, amirzodam?
— Qordan ihota yasamoqchimen. Yertoʻla qaziydilar-ku. Biz qortoʻla qazisak boʻlmasmikan?
— Qani, koʻraylik... E, yoʻq, qor hali juda yumshoq ekan, uvalib tushdi...
— Yerga yetguncha qaziylik-chi! — dedi Bobur.

Qorni koʻkraklari barobar qazisalar ham, kurak yerga tegmadi:
— Ob-bo, qor boʻroni bu yerga qorni uyib tashlagan boʻlsa kerak! — dedi Mamat umidsizlanib.
— Mayli, bas, — dedi Bobur va Tohir qoʻrchibegini chaqirdi: — Bitta kigiz bilan joynamoz keltiring!

Koʻkrak boʻyi keladigan qor devori shamolning shiddatini bir oz pasaytirganday boʻldi. Ammo tepada yana qor quyun boʻlib yogʻilmoqda edi. Tohir keltirgan kigizni oyoq ostiga toʻshadilar. Yoshlikdan sovuq suvlarda yuvinib chiniqqan, hatto muzni teshib gʻusl qilishga oʻrgangan Bobur hozir qor bilan ramziy tahorat olgan boʻldi-da:
— Tayammum! — deb qoʻydi.

Tohir esa Mirzoquli va boshqa yigitlarga murojaat qildi:
— Beharakat turaversak, sovuqda toʻngʻib tamom boʻlurmiz! Undan koʻra amirzodamga oʻxshab qorni qazib, shamolpana joylar yasaylik. Harakatlanib tursak, sovuq urmagay!

Bu gaplarga zimdan quloq solib turgan Sulton: «Koʻraylik-chi, qani bu temuriyzodaning chidami qanchaga yetarkin?» dedi oʻzicha. Bobur esa sohibqiron bobokalonidan olgan saboqlariga binoan hayot-mamoti hal boʻladigan paytlarda ikki rakat namoz oʻqib, xudodan najot tilardi.

Hozir kigiz ustiga joynamoz toʻshab namoz oʻqir ekan, egnidagi poʻstinining yelkalari, gardishli qunduz telpagi boʻralab yogʻayotgan qordan oppoq boʻlib qoldi. Sulton buni koʻrdi-yu, Bobur panalab oʻtirgan joyni boʻron tuni bilan qorga koʻmib tashlashini oʻzicha tasavvur etdi. Dilida tugun boʻlib turgan intiqom tuygʻusi: «Qoʻyib ber, — dedi, — shahid boʻlgan otam bilan akamning oldiga bu temuriyzoda ham borsin! Qor tepib charchagan odam sovuqdan karaxt boʻlib, uyqusi eltsa, keyin qaytib uygʻonmay ertalabgacha narigi dunyoga ketadi!..»

Lekin Boburning shunday mushkul ahvolda ham oʻzini yoʻqotmay, odamlarga dalda berayotgani, keksa Qosimbekni kamarga joylab, oʻzi koʻpchilik navkarlar qatori ochiq yalanglikda qor boʻroni tagida oʻltirgani Sultonning insof va diyonat tuygʻusini uygʻota boshladi. Ayniqsa, Boburning namoz oʻqiyotganini koʻrganda va sajdaga bosh qoʻyib parvardigordan najot soʻraganini eshitganda ichki bir ovoz «Xudodan qoʻrqmaysanmi, Sulton? — deb soʻraganday boʻldi. — Axir xudo oldida har bir odam oʻz gunohi uchun oʻzi javob beradi-ku. Yomon temuriyzodalar qilgan gunohlar uchun nechun Bobur javob berishi kerak? Axir buning oʻzi senga yomonlik qilgani yoʻq-ku. Bir hafta qor tepib senga ham yoʻl ochib kelmadi-mi? Yaxshilikka javoban yomonlik qilsang, keyin qasosi oʻzingga qaytmaydimi?»

Bobur namozini tugatgandan soʻng Sulton uning oldiga keldi:
— Hazrat shoh, tuni bilan qor boʻroni ichida muzlab qolishdan qoʻrqmaysizmi?
— Nachora? Siz bizni ogohlantirgan edingiz. Dovon yoʻli chindan xatarli ekan...
— Qosimbek oʻltirgan kamarga siz nechun kirmaysiz? Axir shohlar doim toʻrda oʻltirishi kerak-ku!
— Hayot-mamot oldida shohu gado barobar, janob Sulton. Qosimbek keksa odam, menga otadek aziz. Men tashqarida qolgan bu yigitlarim bilan hayotning barcha achchiq-chuchuklarini birga tatib kelmoqdamen. Qancha xavfu xatarlarni birga boshdan kechirganmiz. Bugun ham biz oʻlim bilan yuzma-yuz turibmiz. Shunday paytda men eng qadrdon odamlarimni tashqaridagi xatar ichiga tashlab, oʻzim qaysi yuz bilan ichkarida jon saqlagaymen?
— Hazrat, men sizni faqat podshoh deb oʻylagan edim. Lekin sizda darvishlik ham bor ekan. Bu soʻzimni koʻnglingizga olmaysizmi?
— Nechun koʻngilga olay? Shohlardan koʻra darvishlarda adolat koʻproq... Axir siz ham musulmonsiz-ku.
— Alhamdulilloh muslimman. Barcha muslimlar bir-birlariga birodardirlar. Yuring, men sizga hamma odamlaringiz sigʻadigan ulkan hovalni koʻrsatay!

Bobur quvonib, tez oʻrnidan turdi-da, Tohir bilan Mamatni chaqirdi.
— Qani, janob Sulton bilan boringlar-chi, boshqa kamarlar bor emish!

Chindan ham orqasi ulkan gʻorga tutashib ketgan ikkita kamar bor ekan. Ularga tashqarida qolgan hamma odamlar kirib, tuni bilan shamolpana, quruq joyda gulxanlar yoqib isinishdi.

Ertasi kuni qor boʻroni toʻxtab, havo ochilib ketdi. Kechagi kuchli shamol qorlarni uchirib, hamma oʻngir va jarlarni qorga toʻldirgan va tekislab ketgan edi. Boʻron va sovuqning shiddatidan bu qorlar shibbalanib, qalin qatqaloq hosil boʻlgan edi. Ana shu qatqaloqdan va oʻydim-chuqurlarni toʻldirib tekislagan qorning qalinligidan Sulton ustalik bilan foydalandi, Boburni barcha odamlari bilan togʻning narigi tomoniga boshlab ketdi. Yana kuni boʻyi yoʻl yurib, kerak boʻlganda qor tepib, kechki payt Yakkaoʻlang[28] degan qishloqqa yetib bordilar.

Bu turkiyzabon qishloq odamlari:
— Osmondan tushdilaringizmi? — deb hayron qolishdi: — Umrimiz bino boʻlib qish chillasida bu dovondan tirik oʻtib kelgan shuncha koʻp odamni koʻrmagan edik!

Yakkaoʻlangliklar Bobur va Qosimbekning oyogʻi tagiga qoʻylar soʻyib, katta ziyofatlar berishdi.

Bir kecha dam olganlaridan soʻng Sulton qaytib ketishga ruxsat soʻradi.
— Bir oʻzingiz togʻdan qanday oʻtasiz? — dedi Bobur.
— Kelgan yoʻlimiz hali bekilmagandir. Otlarim bor-ku.
— Balki biz bilan qolursiz? Mamlakatning toʻrt tomoni togʻ. Bizga sizdek yoʻl koʻrsatuvchi doim kerak.
— Taklifingiz uchun tashakkur, hazrat shoh. Men sizdek mard podshohni umrimda birinchi koʻrishim. Uyga qaytib, barcha pashoyilarga sizning toʻgʻringizda soʻzlab bermoqchiman. Xizmatingizga kelsam ham, yuz-ikki yuzta yigitlarni boshlab kelamen. Xudo hofiz!

Bobur xazinachiga buyurib, Sultonga kutganidan ham ortiq mukofotlar berib joʻnatdi.

* * *

Kobulda ularni boshqa xavf-xatarlar kutmoqda edi. Fitnachilar Boburni «Hirotda qatl etilibdi» deb ovoza tarqatganlari rost ekan. Oʻratepaning sobiq hokimi Muhammad Husayn dugʻlat fitnachilarga bosh boʻlib, Boburning oʻrniga uning amakivachchasi — marhum Mahmud mirzoning yigirma yoshlik oʻgʻli Mirzoxonni Kobul podshosi, deb e’lon qilibdi. Buning xabarini Kobulda qolgan sodiq navkarlardan Muhammad Andijoniy Langari Temur degan joyda Boburga yetkazib keldi. Ma’lum boʻlishicha, Kobul qal’asini Bobur uchun berkitib turgan Mullo Bobo va Ahmad Yusuflarning ahvoli juda ogʻir. Qoʻrgʻonni qamal qilayotgan Mirzoxon boshliq moʻgʻullarning yigirma ming odami bor, devorlarga naqb solib borut bilan portlatib oʻtishga harakat qilishyapti. Qoʻrgʻon himoyasida ikki yuztagina odam turibdi. Ularning ham zaxiralari tugab boryapti. Shu ketishda fitnachilar ketma-ket hujum qilaversa qoʻrgʻonni bir hafta-oʻn kunda olib qoʻyishlari ehtimolga yaqin.
— Biz Langari Temurdan Kobulga toʻrt kunda yetib borgaymizmi, a, janob Qosimbek? — soʻradi Bobur.
— Ildam yursak, uch kunda ham yetgaymiz. Ammo Qandahor yoʻli bilan kelganimizda Kobulga yana bir oyda zoʻrgʻa yetgan boʻlardik.

Muhammad Andijoniy bu gapni ma’qullab qoʻshimcha qildi:
— Fitnachilar sizlarning qish chillasida Hindikushdan oshib kelishlaringizni mutlaqo bilmaydi, amirzodam! Axir bu — aql bovar qilmaydigan ish! Shuning uchun fitnachilar asosiy kuchlarini Qandarhordan keladigan yoʻl boʻylariga joylashtirganlar. Qorovullari ham Qandahor tomonda poyloqchilik qilmoqda emish. Menga buni Mullo Bobo tayinlab aytib yubordi. «Gʻazna tomondan kelmasinlar, Manor togʻi tomondan kelsinlar» deb iltimos qildi.
— Ammo janob Qosimbek, siz uzoqni koʻzlab dovon yoʻlini tanlagan ekansiz. Men sizning haqligingizga endi astoydil tan berdim.
— Tashakkur, amirzodam. Endi hamma gap Kobulga yogʻiylar kutmagan tomondan bilintirmay borishimizga bogʻliq. Ularni gʻaflatda bosmoq kerak!

Bobur, Qosimbek, Xoʻja Kalon va boshqa ishonchli amirlar maslahatni bir joyga qoʻyishdi. Kobul qoʻrgʻonidagi Mullo Bobo boshliq sodiq kishilariga Bobur oʻz qoʻli bilan maxfiy maktub yozdi.

«Mardona boʻling, najot yaqin, xudo xohlasa, seshanba kuni tunda biz Manor togʻida ulkan oʻt yondirgʻumizdir. Sizlar ham arkda, eski koʻshkning ustidakim, hozir xazinadur, ulugʻ oʻt yondiringiz, toki bilgʻaymizki, bizdan xabardor boʻlibsiz...»

Muhammad Andijoniy Boburning maktubini Kobul qoʻrgʻonidagilarga vaqtida yetkazib borgan ekan. Seshanba kuni kechasi Bobur odamlari bilan Manor togʻiga yetib, Kobul qoʻrgʻoni koʻrinadigan joyda ulkan olov yondirdilar. Koʻp oʻtmay Kobul arkida xazinaning tomi ustida ham kattakon olov yaltillab koʻrindi.

Shundan keyin Bobur odamlari bilan Kobulning shimol tomonidagi Gʻurband Tangisidan sahar palla chiqib, eng avval fitnachilarning boshliqlari uxlab yotgan qasrlarga yaqinlashdilar. Tun juda sovuq, izgʻirin shamol esadi, koʻpchilik qorovullar ham shamolpana iliq joylarga kirib ketishgan. Muhammad Husayn bilan Mirzoxon gʻaflat uyqusiga yotgan paytda qoʻrgʻon ichkarisidan Mullo Bobo va Ahmad Yusuf oʻz odamlari bilan Ohanin darvozasidan qurollanib chiqdilar. Qoʻrgʻonni qamal qilib yotgan moʻgʻullarning halqasi shimol tomonda siyrak edi, chunki ular Boburning janub-gʻarb tomondan kelishini kutmoqda edilar.

Bobur shimoldagi Gʻurband tomondan, qoʻrgʻondagilar qal’a tomondan birvarakay zarba berishib, moʻgʻullar halqasini sindirib oʻtdilar.

Kobul podshosi deb e’lon qilingan Mirzoxon qoʻrgʻon tashqarisidagi hashamatli bir qasrda uxlab yotgan paytda Boburning Xoʻja Kalonbek boshliq yigitlari qasr hovlisiga tigʻ yalangʻochlab kirdilar. Mirzoxonning qoʻriqchi yigitlari ham qilichlarini qindan sugʻurdilar. Qilichbozlik jangidan bir necha navkar yaralanib yiqildi. Choʻchib uygʻongan Mirzoxon:
— Bobur bostirib keldi! — degan xabarni eshitib oʻzini yoʻqotib qoʻydi. «Oʻldiga» chiqarilgan odamning birdan tirilib kelishi Mirzoxonni shunchalik vahimaga soldiki, u tarafdorlarini toʻplab jang qilishni xayoliga ham keltirmadi. Qantarib qoʻyilgan egarlogʻliq bir otga sapchib mindi-da, kunchiqish tomondagi togʻlarga qarab qochdi. Buni eshitgan Bobur Yusufbek boshliq bir toʻda yigitlarni Mirzoxonning ketidan quvgʻinchi qilib yubordi. Oʻzi Bogʻi Bihisht deb ataladigan bogʻning ikki qavatlik qasriga tomon ot surib ketdi.

Fitnachilarning boshligʻi Muhammad Husayn dugʻlat shu qasrda edi. Darvozaning tomi ustida oʻltirgan qoʻriqchilar Boburga yoydan oʻq yogʻdirdilar. Oʻqlardan biri uning poʻlot dubulgʻasiga, yana biri koʻkragidagi zirhli «chor oynaga» oʻralib qapchib ketdi. Soʻng Bobur kamondan otgan oʻqlar tom ustidagi soqchilardan birini yerga qulatdi.

Darvozani qoʻriqlab turgan otliq moʻgʻul beklari qilich yalangʻochlab, Boburga hamla qilishdi. Ulardan biri yaqin kelib qilich urganda Bobur oʻzini qalqoni bilan toʻsdi. Soʻng fitnachining boʻyniga shunday qilich urdiki, egardan yerga uchirib, yumalatib yubordi. Yana ikkinchi, uchinchi... beshinchisini otidan qulatdi...

Qilich yalangʻochlab kelayotgan har bir dushman unga yuzma-yuz kelgan oʻlim timsoli boʻlib koʻrinardi. Yovni qilich bilan urib yiqitganda oʻziga chang solayotgan oʻlimni bartaraf qilganday yengil tortardi.

Boburning oʻzi tigʻ bilan yovlarini urib, yiqitib kelayotganini eshitgan Muhammad Husayn dugʻlat hovliga chiqishga ham jur’at etolmadi. Xotinlarning koʻrpa-toʻshak yigʻib qoʻyiladigan xonasiga kirib, boʻgʻjamaning ichiga yashirindi.

Mehr Nigor xonim — Boburning xolasi edi. Bultur Qutlugʻ Nigor xonim olamdan oʻtgandan beri Bobur bu xolasini ona oʻrnida hurmat qilib yurardi. Boburning odamlari ichkarilarni axtarib, Muhammad Husaynni topib chiqqanlaricha Bobur shu xolasi oldida farzanddek ta’zim qilib koʻrishdi.

Toshkentda xon boʻlgan marhum Mahmudxonning onasi Shohbegim ham shu qasrda ekan. Boburga oʻgay boʻlsa ham, har qalay momo hisoblangan Shohbegim toʻsatdan paydo boʻlib qolgan Bobur oldida sarosima boʻlib, duduqlanib biron soʻz ayta olmadi. Bobur uning ham hurmatini joyiga qoʻyib, ta’zimu tavoze bilan soʻrashdi.

Ichkaridan ikki yigit qoʻltigʻidan mahkam ushlab olib chiqqan Muhammad Husayn esa:
— Menda ne ayb?! — deb peshgirlik qildi.
— Sizda ayb boʻlmasa nechun mendan qochib toʻshakxonaga bekindingiz? — soʻradi Bobur.
— Qilich yalongʻochlab kirganlardan qoʻrqdim, rost!
— Ammo mening oʻrnimga Mirzoxonni podshoh koʻtarganda xudodan qoʻrqmadingizmi? Bir podshohga qarshi fitna uyushtirib, boshqa podshohni taxtga chiqarish — davlat toʻntarishi ekanini bilmasmisiz? Bunday xiyonatlar uchun eng ogʻir jazolar berilishi, tanasi pora-pora qilinib, ming qiynoqlar ichida qatl etilishi sizga ma’lum emasmidi?!
— Meni... moʻgʻul beklari yoʻldan urdilar!.. Kechiring, amirzodam, kechiring — deb Muhammad Husayn hoʻngrab yigʻlay boshladi va Boburning oyogʻi ostiga oʻzini tashladi.

Soqoliga oq tushgan bu odamning Oʻratepadagi uyida Bobur koʻp marta mehmon boʻlgan, uning oʻgʻillari bilan birga oʻsgan edi. Ayniqsa, Muhammad Husaynning kichik oʻgʻli Haydar Mirzo Boburga juda mehribon, zehni oʻtkir, yetti-sakkiz yoshdayoq kitob oʻqib, she’r aytadigan zakovatli bola edi[29].

Mehr Nigor xonim ham, Shohbegim ham Muhammad Husaynning shu bolalarini oʻrtaga solib, Boburdan shafoat soʻradilar. Bobur Muhammad Husaynga nafrat bilan koʻz tashlab dedi:
— Mana shu onalaru begunoh bolalar hurmati... Men sizning qoningizdan kechdim... Ammo endi siz bilan oramiz uzildi... Koʻchingizni olib, mening qalamrovimdan chiqib keting! Tamom!

Bobur bu yerdan otlanib chiqqanda fitnachi qoʻshinlar Kobul qoʻrgʻonining atroflarini tark etib, togʻlarga qarab chekinmoqda edi. Qamal paytida qoʻrgʻonni ajdahoday oʻrab yotgan minglab moʻgʻul askarlari endi oʻz sardorlaridan ajralib, boshi kesilgan ilondek talvasa ichida goʻyo dumalab ketmoqda edi.

Mirzoxonning ketidan yuborilgan quvgʻinchilar uni Qargʻa Buloq degan joydan tutib olib, arkda devonxonada oʻltirgan Boburning oldiga olib kirdilar. Yengil kiyingan Mirzoxon sovuqda diydirab koʻkarib ketgan. Boburga egilib ta’zim qilayotganda yerga gursillab yiqilib tushdi. Yigitlar uni oʻrnidan turgʻizdilar. Yigʻlab iltijo qildi:
— Meni afu eting, hazratim! Siz mening yagona podshohimsiz!
— Ammo oʻzingizni ham podshoh deb e’lon qilibdilar-ku!
— Meni aldadilar! «Temuriylardan Kobulda faqat Siz qolgansiz, — dedilar. — Bobur mirzo qaytib kelguncha elga bosh boʻlib turing» deb koʻndirdilar! Mana, xudoga shukr, eson-omon qaytib kelibsiz!
— Bizga peshvoz chiqib kutib olish oʻrniga, nechun toqqa qarab qochdingiz?
— Xom sut emgan banda, vahimaga berilibmen! Ammo men moʻgʻul beku navkarlaridan himoya istab qochganim yoʻq. Sizning huzuringizga jang tugagandan soʻng qaytmoqchi edim.

Bobur uchun ham Mirzoxonning moʻgʻul beklari tomonga qochib ketmagani yaxshilik alomati edi. Agar Mirzoxon ular tomonga oʻtib ketganda, ikki oradagi urush uzoq davom etishi, yana koʻp behuda qonlar toʻkilishi mumkin edi.
— Men sizning qahramonligingizga tan berib tiz choʻkurmen, hazratim! — deb Mirzoxon yana yukundi.— Sizda Sohibqiron bobokalonimizning qilichi borligini bilurmen! Bu qilichga «Kuch—adolatdadir» degan muqaddas yozuv bitilganini oʻzingiz menga aytgan edingiz. Bugun siz ana shu qilich bilan bahodirona jang qilib gʻalabaga erishdingiz. Chindan ham, kuch—adolatda ekaniga men endi astoydil imon keltirdim! Buyuring, toki umrim boricha sizga xizmat qilay!

Bobur Mirzoxonga oʻng tomonidan joy koʻrsatdi.
— Sharbat keltirilsin! — deb buyurdi.

Savdarboshi oltin kosada keltirgan sharbatdan Bobur avval oʻzi ichdi-yu, keyin Mirzoxonga berdi.
— Hozir Kobulda temuriylardan faqat ikkimiz qoldik, — dedi Bobur. — Bu moʻgʻullar azaldan temuriylar bilan olishib kelurlar. Qunduzda Shayboniyxonning qoʻshini turibdir. Ora yaqin. Kobulda xonning josuslari yolgʻon ovozalar tarqatib, meni ataylab «oʻldiga» chiqargan boʻlsalar kerak.
— Bu rost! Qunduz hokimi Qambarbiy Kobuldagi moʻgʻul beklari bilan til biriktirganini men ham sezdim.
— Kimlar oʻsha til biriktirgan beklar?

Mirzoxon bir necha moʻgʻul beklarining nomlarini aytdi.
— Ana shularni siz bizga tutib berishingiz kerak! — dedi Bobur. — Boʻlmasa bular yana paytini topib, siz bilan meni Shayboniyxonga sotgaylar!
— Kemaga tushganning joni bir, hazratim! Men to oʻlgunimcha temuriylar kemasida sobit turgaymen! Agar oʻlimga buyursangiz ham soʻz qaytarmay borurmen!

Mirzoxon devqomat yovqur yigit edi, uning tomirida ona tomondan bobokaloni Iskandar Zulqarnayn qoni ham borligiga Boburning ishongisi kelardi.
— Sizni oʻlimga buyurmoqchi emasmen. Mirzoxon, balki hamkorlikka chorlamoqchimen!..
— Jonu tanim, butun borligʻim bilan hamkoringiz boʻlurmen, hazratim!

Mirzoxon shu soʻzining ustidan chiqib, Bobur buyurgan barcha ishlarni sidqidil bilan ado etadigan boʻldi.

Muhammad Husayn dugʻlat esa koʻch-koʻronini tuya va otlarga ortib joʻnab ketdi va Murgʻob boʻylarida Shayboniyxonga borib qoʻshildi. Ammo oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qoʻymas, deganlaridek, oʻsha yerda ham fisqu fasod ishlarga bosh qoʻshgani uchun Shayboniyxon tomonidan oʻldirildi.

Oʻsha qish Bobur koʻrsatgan mardlik va dovyuraklikning mukofoti shu boʻldiki, Qosimbek Hirot chorbogʻida uchragan goʻzal qizni izlab topdi. Bobur Kobulda katta toʻy qilib, Mohim bonu ismli bu olov qizga uylandi va oradan bir yil oʻtar-oʻtmas undan ajoyib oʻgʻil koʻrdi. Baxtli istiqbol orzusi bilan bu toʻngʻich oʻgʻilni Humoyun deb atadilar.

Hirot, Marv - Paymonasi Toʻlganlar

1

Hirot atroflarida qish osoyishta oʻtdi-yu, avji bahor kunlarida Shayboniyxon ellik ming qoʻshin bilan Murgʻob daryosidan oʻtib, Xurosonga bostirib kirdi. Badiuzzamon mirzo bilan Muzaffar mirzo Hirotning shimolida Qorarabot va Tarnob degan joylarda ikki boʻlak qoʻshin, ikki alohida sarkarda bilan lanj bir ahvolda oʻtirgan edilar.

Shayboniyxonning Ubaydulla Sulton va Temur Sulton boshliq otliq askarlari bu ikki qoʻshinning orasiga tigʻday yorib kirdi-yu, kuchli bir zarba bilan ikki podshohni ikki tomonga uloqtirib tashladi. Mirzolar koʻpchilik bek va navkarlari bilan tumtaraqay boʻlib qochdilar. Faqat Zunnunbek argʻun oʻzining Hizabrulla boʻlishiga va Shayboniyxonning qilichini sindirishiga hali ham ishongani uchun bir necha yuz navkarini xon qoʻshini qarshisiga boshlab chiqib, oxirgi nafasi qolguncha olishdi. Ubaydulla Sultonning otliqlari hayal oʻtmay uni egardan urib tushirdilar, boshini kesib nayzaga sanchdilaru Shayboniyxon mingan otning oyogʻi tagiga eltib tashladilar.

Jang maydonidan halloslab qochgan Badiuzzamon mirzo Hirotga hammadan oldin yetib keldi, ammo shahar ichiga kirmadi. Bogʻi Jahonoroda bir necha soat toʻxtab, otlariga dam berdi-yu, oltin-kumush va javohirlaridan koʻtarganicha oldi. Uning xotin-bolalari shahar ichida — arkda edi. Orqadan quvib kelayotgan yov tahlikasidan qoʻrqqan Badiuzzamon mirzo shahar dorugʻasini chaqirib, qal’a darvozalarini bekitib olishni buyurdi. «Qamalda qolishdan qoʻrqmanglar, biz Qandahor tomondan qoʻshin toʻplab kelib, sizlarni xalos qilurmiz», degan quruq va’da bilan xotinlari va bolalarini qoʻrgʻon ichida qoldirib oʻzi janubga qarab shoshildi.

Hirotga kechasi yetib kelgan Muzaffar mirzo hatto yengilish va qochishda ham akasi bilan musobaqalashgan kabi ish qildi. U ham shahar tashqarisidagi Bogʻi Safidda bir necha soat toʻxtab, nafasini rostlagach, eng kerakli narsalarini oldi-yu, yov yetib kelib qolishidan qoʻrqib, arkka kirmadi, onasi va xotinlarini qal’a ichida qoldirib, darvozalarni bekitishni buyurdi, u ham Qamalda qolsalaring oʻzim kelib qutqaramen!» deganicha Astrobodga qarab qochdi.

Mirzolarni kutganidan ham oson yenggan Shayboniyxon shahardan oʻn besh chaqirimcha sharqdagi Qahdiston degan xushhavo oʻtloqqa tushib, shohona chodirlarini tikdirdi.

Xadicha begim Hirotda bor a’yonlar va qoʻriqchi askar sarkardalarni toʻplab, qoʻrgʻon darvozalarini bekitishga urinib koʻrdi. Ammo ikki ogʻa-ini podshodan birontasi Hirot mudofaasiga bosh boʻlmasdan qochib ketganligi hammaning ruhiga yomon ta’sir qilgan, qamal azobini hech kim zimmasiga olishni istamas edi. Xonning gʻazabiga qolmaslik uchun Hirotni unga jangsiz topshirishni ma’qul koʻruvchilar koʻp edi. Axiri Hirot shayxulislomi Taftazani bir necha nufuzli kishilarni yoniga olib, Hirot shahrining kalitlarini qimmatbaho sovgʻa-salomlar bilan birga xonga eltib topshirdi.

Qahdistonning orombaxsh bahor havosida ulkan gʻalabadan ta’bi ochilib yurgan Shayboniyxon endi jozibali bir ayol bilan qovushgisi kelar edi. U Hirotning eng ta’rifi ketgan goʻzal juvoni — Muzaffar mirzoning yigirma yoshlik suyukli xotini Qorakoʻz begim deb eshitgan edi. Toshkentda va Andijonda Qorakoʻz begim deb ot chiqargan qiz-juvonlar qanchalik chiroylik boʻlganini xon yaxshi bilar edi. Hirotlik Qorakoʻz begimning asl nomi boshqa boʻlsa ham qora koʻzli goʻzallar orasida eng chiroylisi boʻlgani uchun el orasida shu ism bilan tanilgan edi.

Shayboniyxon doimiy odatini qilib, bu juvonga gʻoyibona oshiq boʻlgani haqida qisqa bir gʻazal yozdi-yu, shoir Muhammad Solihni oraga qoʻyib, she’rini begimga yetkazdirdi.

Muzaffar mirzo nomardlik qilib xotinlarini tashlab ketganidan qahri kelgan Qorakoʻz begim xonning gʻazalini xush qabul qildi. Xadicha begim boshliq boshqa kelinlar Hirotning eng mustahkam istehkomi boʻlgan Ixtiyoriddin qal’asiga kirib bekinganlarida Qorakoʻz begim ulardan ajralib qoldi va otasining shahar tashqarisidagi chorbogʻiga ketdi. Keyin begimni hammomda yuvintirishib, kelinlarday yasantirishdi-yu, xon yuborgan shohona mahofaga solishib Qahdistonga olib ketishdi.

Kechki payt Hirotning shayxulislomi va qozisi xon qarorgohiga chaqirildi.

Bugun odatdagidan yoshroq koʻrinayotgan Shayboniyxon shariat peshvolarini mahfuri[30] gilam toʻshalgan borgohda qabul qildi. Xonning yonida turgan mullo Abdurahim Qorakoʻz begimni bugun imomi zamonga nikohlash haqida gap ochdi.
— Bugunmi? — deb shayxulislom qoziga sarosima boʻlib koʻz tashladi. Qozi bu qarashning ma’nosini tushundi.

Qorakoʻz begim Muzaffar mirzoning nikohida edi. Erining tashlab ketganiga besh kun ham boʻlgani yoʻq. Holbuki, bir musulmonning nikohidagi xotinning iddasi boʻladi, uch oy oʻtmaguncha boshqa kishiga nikohlash mumkin emas. Shariat buni qat’iyan man qilgan!

Shayxulislom xonning oyogʻi tagidagi gilamni oʻpib, shu toʻgʻrida gap boshlagan edi, xon uning soʻzini kesdi:
— Shariatni bizga oʻrgatmang! Begimni hezalak eri bundan toʻrt oy oldin uch taloq qoʻygan. Siz uch oy deysiz! Begim toʻrt oy boshi ochiq yurgan! Nahotki, siz, shariat peshvolari bundan bexabarsiz?!

Xonning qahridan qoʻrqib ketgan shayxulislom oppoq soqolini mahfuri gilamga surkab yana yer oʻpdi.
— Xabardormiz, hazratim!
— Xabardormiz! — dedi qozi ham gilamni oʻpib. Ular Muzaffar mirzoning bundan toʻrt oy burun achchiq ustida xotinini uch taloq qoʻyganini bilar edilar. Biroq keyin mirzo xotini bilan yana yarashganda shayxulislom bilan qozi begimni eriga qaytadan nikohlab bergan edilar. Lekin begimning avvalgi yosh eri tilga olinganidan rashki kelib, sabr kosasi toʻlib turgan xonga buni aytish— Oʻlimni boʻyniga olish bilan barobar edi.

Shariat peshvolari endi bu toʻgʻrida «churq» etmasdan nikoh oʻqishga hozirlandilar...

* * *

Sallasiga la’l va gavhar bilan birga ukpar ham qadalgan Shayboniyxon kechasi begimning xobgohiga shahdam qadamlar bilan kirib ketdi. Xobgohning tashqi boʻlmasida xonning haramiga qaraydigan keksa beka, ikkita bichilgan habash qul va begimga ergashib kelgan ikkita kaniz navbatchilik qilib qolishdi.

Bir vaqt xobgoh eshigi shaxt bilan ochildi-yu, yelvagay toʻn kiygan, boshidagi oq shabpoʻshi[31] bir yonga ogʻib ketgan Shayboniyxon chiqib keldi. Uning rang-quti oʻchgan, lablari pirpiraydi.
— Behayo ekan! Buzilib ketgan ekan! Bezbet!

Haram bekasi begimning kanizlari bilan birga shosha-pisha ichkariga kirdilar. Toʻshak chetida yuzini qoʻllari bilan bekitib olgan goʻzal juvon yelkalari silkinib, piq-piq yigʻlar edi.

Ma’lum boʻlishicha, Qorakoʻz begim Hirotning soʻnggi podsholari yaxshi koʻradigan va oliy tabaqa ayollari «gʻalvira» deb ot qoʻygan shoʻx bir qiliq qiladi. Bu bilan u ellik olti yoshlik xonni qoyil qilmoqchi, balki uning ilhomini oshirmoqchi boʻladi. Biroq koʻp marta uylangan, qancha qiz-juvonlar bilan bir yostiqqa bosh qoʻygan xon umrida bunday qiliqlarni koʻrmagan ekan. U avval sarosimaga tushadi, keyin Qorakoʻz begimning avvalgi yosh erini eslaydi. Begim bunday qiliqlarni avvalgi eriga ham qilganlarini koʻz oldiga keltiradi-yu, hafsalasi birdan pir boʻladi va soʻkinib oʻrnidan turib ketadi.

Begim bu shoʻxlikni xonga yoqish uchungina qilganini, Hirot asilzodalari orasida bu joiz ekanini kanizlar haram bekasiga tushuntirdilar. Begimga rahmi kelgan haram bekasi xonning oldiga chiqib, uni jahlidan tushirishga tirishdi:
— Hazratim, ayb faqat bu begimda emas! Ayb unga shu qiliqni oʻrgatganlarda! Hirotda behayolar koʻp ekan.
— Bu shahar — dindan qaytgan rofiziylar[32] uyasi!— dedi xon ham endi gʻazabini boshqa tomonga yoʻnaltirib. — Bu juvonning qaynonasi Xadicha begim — bezbetlarning eng kattasi! Eng avval oʻshani tutib jazosini berish kerak.

Shayboniyxon xobgohga qaytib kirmadi. Qorakoʻz begimni tavfiq va hayo yoʻliga qaytarishni haram bekasi bilan habash qullarga topshirdi-yu, oʻzi borgohga joy soldirib yotdi. Ammo tong otguncha uxlay olmadi.

Ertalab azonda borgohdan hirgohga oʻtdi-yu, lashkarboshilardan Ubaydulla Sultonni, mulozimlardan Muhammad Solihni, mavlono Binoiyni va Mansur baxshini chaqirtirdi.

Eng avval jiyani Ubaydulla Sultonni soʻroqqa tutdi:
— Ixtiyoriddin qal’asi olindimi, yoʻqmi?
— Xon hazratlari, bugun-erta olingʻusidir!
— Bitta buzuq xotin bekitib yotgan qal’ani shuncha lashkar bilan haligacha ololmaysan! Yo oʻzim borib olaymi?

Xonga kechasi bir balo boʻlganini hamma sezdi. Yigirma yoshli devqomat Ubaydulla Sulton ulkan gavdasini egib, xonga ikki bukilib ta’zim qildi:
— Hazratim, qal’ani shu bugun olamiz. Hozir men oʻzim borib hamla qilamen!
— Hamla qilamen deb, lashkaring dehqonlarning ekinini toptab ketibdi. Biz Hirotga mehmon boʻlib kelganimiz yoʻq. Dehqonning hosili oʻzimizga kerak! Bogʻlarni ham ot bosmasin! Mevasini oʻzing yeysan! Sen temuriyzodalarning urugʻini qurit! Oʻshalarga xizmat qilib quturgan shialarni bos!
— Barcha aytganlaringizni bajo keltiramiz, hazratim!

Ubaydulla Sulton ketishga chogʻlandi. Shunda Shayboniyxon:
— Agar qal’ani bugun oladigan boʻlsang, Mansur baxshini ham olib ket! — dedi. — Bu baxshi yana boʻydoq yuribdi. Bunga xotin chidamaydi. Xadicha begim shunga oʻxshagan zoʻr bir er topolmay yurgan emish. Qal’a-ni olsang, oʻsha xotinni Mansur baxshiga nikohlab berasan!

Semirib, avvalgidan battar yoʻgʻonlashib ketgan oʻtovday katta Mansur baxshi:
— Aynalayin sizdan, xon hazratlari! — dedi. — Samarqandda nikohlab bergan Zuhra begimingiz oʻlgandan beri soʻqqaboshlik jonimga tegib yurgan edi!
— Lekin sen baxshi hadeb nafsingni oʻylay berma!— dedi xon. — Hirotning eng katta boyliklari Xadicha begimning qoʻlida. Menga axboroti kelgan, bu xotin oltindan gul yasatgan emish, barglari zumraddan emish. Gulga qoʻnib turgan bulbulning ogʻzida gavhari bor emish.
— Xon hazratlari, bunisini men sizga toptirib beraman! — dedi Mansur baxshi. — Xazinasi ham sizniki! Menga oʻzi boʻlsa bas!

Bu shoʻx gaplardan keyin Shayboniyxonning chehrasi sal ochildi-yu, Ubaydulla Sulton bilan Mansur baxshiga ketish uchun ruxsat berdi. Muhammad Solih bilan mavlono Binoiy xon qarshisida hamon qoʻl qovushtirib, oyoq ustida sukut saqlab turishardi. Qizil kimxob koʻrpacha ustida chordana qurib oʻtirgan xon Muhammad Solihga qarab:
— Sen, shoir, nuqul Hirotni maqtar eding, — dedi.— Hiroting hayosini yoʻqotgan betavfiqlarning uyasi ekan-ku!

Muhammad Solih xonning boshiga kechasi qanday hangoma tushganini allaqachon payqagan edi. Shayboniyxon hozir keksalik zaifligiga chora topolmay alami kelayotgani ham sezilib turardi.

Muhammad Solih uning yarasiga tuz sepmaslik uchun gapni boshqa yoqqa burdi:
— Hazratim! Hirotning axloqini temuriylar buzgan. Siz temuriylarni jangda jismonan yengdingiz, endi ularni ma’nan yengmoqdasiz! Imomi zamonamizning axloqiy pokliklari hirotliklarga ibrat boʻlmogʻi kerak.
— Gapga chechansen! Lekin Hirotning axloqini shoirlar ham buzganini nega aytmaysen! Temuriylarni maqtab, behayo she’rlar yozib, lagan-lagan oltin olgan shoirlaring boʻlmagʻanmi?
— Boʻlgan, xon hazratlari. Mana mavlono Binoiyni Hirotdan ana oʻshanaqa shoirlar ketkizib yuborgan!

Shayboniyxon mavlono Binoiyga yuzlandi:
— Shundaymi?
— Shundoq, hazratim! — dedi Binoiy ta’zim bilan.
— Unday boʻlsa mavlono Binoiy adolat qilichini beliga taqib, yomon shoirlardan qasdini olsin! — dedi xon. — Bizning gʻolib navkarlarimizdan ellik-oltmishtasini mavlononing ixtiyoriga bering. Temuriylarning oltinidan quturib yurgan shoirlarning molu mulki musodara qilinsin! Barcha oltinlarini tortib olib xazinaga topshiring! Keyin bu shoirlarning koʻzi ochilib, tavfiqu hayo yoʻliga qaytishi oson boʻladi!

Mavlono Binoiy bezovtalanib Muhammad Solihga qaradi. U bir vaqtlar oʻziga alam oʻtkazgan ba’zi Hirot shoirlarini har qancha yomon koʻrsa ham, lekin yoniga askar olib, birovlarning uyini tintishni, molu mulkini musodara qilishni oʻziga munosib koʻrmas edi. Biroq buni xonga roʻyi-rost aytish ham mumkin emas edi.
— Hazratim, shunday ulugʻ vazifani faqirga ishonib topshirmoq niyatingizdan sarfarozmen!.. Faqat bir andesham bor.
— Xoʻsh?
— Hazratim, men umrimda qilich chopmagan keksa odammen. Yoshim ellikdan oshgan. Bu farmoni oliyni jangovar bek shoir Muhammad Solih janoblari faqirdan yuz hissa yaxshi bajarurlar! Faqir bu janobga kuchim yetganicha yordam beray!

Muhammad Solih bu ishni oʻziga yoʻlatgisi kelmadi.
— Mavlono, men Hirot shoirlarini sizchalik yaxshi bilmaymen!

Buyrugʻi sansalor boʻlayotganini sezgan Shayboniyxon, koʻzlari tahdidli yaltirab, Binoiyga tikildi.
— Ot in’om qildik — mindingiz. Toʻn in’om qildik— kiydingiz. Ulufa berdik — yoʻq demadingiz. Endi ish buyursak, yoʻq deysizmi?!

Boshqa e’tirozga oʻrin qolmadi. Olti yildan beri xon xizmatida yurgan Binoiy uning hozirgi buyrugʻini bajarishga majbur edi...

* * *

Shayboniyxonning oʻng qoʻl vaziri — oltmish besh yoshlik mulla Abdurahim Hirot allomalaridan oltin undirishning boshqa bir yoʻlini oʻylab topdi. Hirot atroflaridan gʻoliblarning qoʻliga tushgan oʻljalar orasida suruv-suruv qoʻylar ham bor edi. Mulla Abdurahim shu qoʻylardan oltmishtasini Hirotning Qipchoq darvozasi tashqarisidagi bozorga haydab tushishni xizmatkorlariga buyurdi. Soʻng shaharga bir toʻp navkar yuborib, temu-riylar davrida mashhur boʻlgan Xondamirni, Boburga yaqinligi bilan tanilgan mavlono Fazliddinni, Husayn Boyqaroga atab she’rlar yozgan «koʻksa» laqablik shoir Sulton Muhammadni, yana shularga oʻxshash besh-olti kishini qoʻy bozoriga majburan olib keltirdi. Keyin mulla Abdurahimning oʻzi ham bir toʻp mulozimlari bilan bozorga oʻynoqi bir argʻumoqni minib kirib keldi. Mulozimlardan biri piyoda qoʻl qovushtirib turgan Xondamirga va uning hamrohlariga shunday dedi:
— Sudurlar sadri Nizomiddin Abdurahim hazratlari oʻzlarining bu qoʻylarini faqat sizlarga sotmoqchilar!

Xondamir sheriklariga: «Shu bilan qutulsak koshki!» deganday qilib qaradi-yu, keyin sudurlar sadriga ta’zim qildi:
— Bajonidil olurmiz. Narxini aytsinlar.

Mulozim ovoziga tantanali tus berib dedi:
— Bu qoʻylar — sudurlar sadrining nafasi tekkan tabarruk qoʻylardir. Sizlar temuriylar xizmatida haromxoʻrlikka oʻrganib, buzilib ketgan odamsizlar. Bu qoʻylarni soʻyib yeb halqumlaringni poklashlaring kerak. Shuning uchun qoʻylardan har birining narxi olti yuz dinor!

Olti yuz dinorga bitta emas, yetti-sakkizta qoʻy olish mumkin edi. Biroq qoʻylarni sudurlar sadri aytgan narxda olmaslik — uning gʻazabiga uchrash va shafqatsiz jazoga giriftor boʻlish demak edi.

Puldan qiynalibroq yurgan mavlono Fazliddin bezovtalanib soʻradi:
— Janoblar, yaqinda moli omon ham toʻlagan edik-ku?

Shoir Muhammad Sulton istehzoli kulimsiradi:
— Mavlono, bu noyob qoʻylarga hazratimizning muborak nazarlari tushgan ekan. Shuning uchun endi bu moli omon emas, balki moli imondir!

Mulla Abdurahim istehzoni payqab qahri keldi va navkarlariga buyurdi:
— Bularning har biriga qoʻylardan oʻnta-oʻnta qoʻshaloqlab beringlar! Bularni temuriylarning oltini quturtirgan! Hammasining dimogʻi juda baland! Bularni osmondan yerga tushirib qoʻyish kerak. Qoʻylarni uylarigacha oʻzlari haydab ketsin! Hech kim haydashmasin! Uylarigacha kuzatib borib, pulini undirib kelinglar. Qaysi biri buyruqni bajarmasa, molu mulkini musodara qilib, oʻzini zindonga tashlanglar!

Navkarlar buyruqni bajarishga kirishdilar.

Hirotda koʻpchilik taniydigan shoir, olim va me’mor issiq kunda halpillab, sertuproq, serchang koʻchalardan qoʻy haydab ketdilar. Keyin bu «tabarruk» qoʻylarning pulini qarz havola qilib boʻlsa ham, toʻlab qutuldilar.

2

Ubaydulla Sultonning bir yarim ming navkari oʻn kundan beri Ixtiyoriddin qal’asining atrofida gʻivirlar, ammo oʻq ham, shoti ham yetmaydigan balandlikdagi qal’ani olishning hech ilojini topolmas edi. Temir darvozalarga toʻpdan oʻq otib koʻrishdi, boʻlmadi. Keyin yer tagidan gʻor qazishga tushishdi.

Shuni hisobga olmaganda, Hirot hozir bir qadar tinchib bormoqda edi. Musodara qilinadigan xazinalar boʻshab qolgan, talanadigan molu mulklar talanib boʻlgan edi.

Shayboniyxon Qahdistondan Bogʻi Jahonoroga koʻchib kelib, Hirotning mashhur san’atkorlarini oʻz huzuriga chaqirtirdi. San’at ishlarini boshqarayotgan Muhammad Solih vositachi boʻlib, Behzodni xon bilan bir-ikki marta uchrashtirdi. Xonning maslahatgoʻyi mulla Abdurahim rasm chizishni shialar va rofiziylarning ishi deb yomon koʻrsa ham Shayboniyxon Behzodning rasmlari Husayn Boyqaroni qanchalik mashhur qilganini bilar, endi bu musavvirning iste’dodidan oʻz shuhrati uchun foydalanishni istar edi.

Behzodga Shayboniyxonning rasmini chizish topshirildi.

Musavvirning iltimosi bilan xonni qip-qizil kimxob koʻrpa ustiga oʻtqazdilar, uning orqasiga qora baxmal bolish qoʻydilar, beliga ingichka oltin kamar bogʻlatdilar, oldiga oltin muqovali kichik daftar, qalam va siyohdon qoʻydilar. Oʻttiz yildan beri rassomlik qilib yurib, koʻpgina podshohlarni koʻrgan va ular bilan muomala qilishni yaxshi biladigan Behzod Shayboniyxonga ham faqat maqtov yoqishini allaqachon payqagan edi:
— Hazratimni argʻumoq ot ustida qilich yalangʻochlagan paytlarida tasvirlashim mumkin. Biroq hozir sizning eng zoʻr lashkarboshi ekanligingiz hammaga ayon. Ammo olam ahli sizning koʻp yil madrasalarda oʻqigan fozil imomi zamon ekanligingizni ham suratda koʻrmogʻi kerak. Shu sababli faqir sizni muqaddas kitobu oltin qalam bilan tasvir etmoqchimen!
— Ma’qul, — deb xon bunga rozilik berdi.

Surat tayyor boʻlgandan keyin Shayboniyxon, Muhammad Solih va boshqa bir necha mulozimlar Behzod ishlagan xonaga toʻplandilar. Mulla Abdurahim rasmga, soʻng xonga qaradi-yu, hayron boʻlib:
— Hazratimning xuddi oʻzlari-ya! — dedi.

Suratda Shayboniyxonning koʻpni koʻrgan tajribali odam ekanligi koʻzga aniq tashlanib turardi. Boʻyoqlar Behzodga xos ulugʻ bir mahorat bilan xillangan edi. Oddiy odam rasmdan hech bir kamchilik topolmas, Behzod xonni izzat-ikrom bilan tasvirlabdi, deb oʻylar edi. Lekin Muhammad Solih xonning tagidagi koʻrpaning rangi qip-qizil qon rangida ekanini sezdi. Xon koʻrpa ustida emas, goʻyo qon daryosi ustida oʻtirganga oʻxshardi. Xonning beliga bogʻlangan ingichka oltin kamarning uchi chalmashgan oyoqlar tagidan xuddi qoramtir boshli sariq ilonga oʻxshab buralib turar edi. Xon suyangan qora bolish ham qora kuchlarning timsoliga oʻxshardi.

Shayboniyxonning barcha ishlaridan xabardor Behzod bu yashirin ramziy boʻyoqlar bilan nimalar demoqchi boʻlganini Muhammad Solih payqadi-yu, qoʻrqib ketdi. Agar u sezgan ma’noni xon sezib qolsa, Behzod ham omon qolmaydi, orada vositachi boʻlgan Muhammad Solih ham! Shuning uchun u suratga xomush tikilib turgan Shayboniyxonning fikrini xatarli ramziy ma’nodan uzoqroq olib ketishga intildi:
— Muhammad alayhissalom yashil rangni yaxshi koʻrar ekanlar. Imomi zamon xon hazratlari ham yashil rangni suyishlarini musavvir durust payqabdir. Qarang, hazratimning koʻylaklari yashil rangda. Suyangan devorlari ham yashil.
— Bunisi ma’qul, — deb xon endi ogʻzini ochdi. — Lekin... biz mavlono Behzodning boshqa suratlarini ham koʻrgan edik...

Shayboniyxon Behzod tasviridagi shertaxlit Husayn Boyqaroni esladi. Husayn Boyqaroning safarga chiqqan paytini tasvir etgan boshqa bir rasmda goʻyo bulutlar ham, osmon ham, hatto togʻu toshlar ham podshoning ketidan ergashib, u ketayotgan tomonga intilib borayotganday koʻrsatilgan edi. Temuriylarni bunchalik ulugʻlagan Behzod Shayboniyxonni joʻn bir odam qilib tasvirlaganga oʻxshardi. Xon suratni koʻrganda koʻnglida qoʻzgʻalgan murakkab tuygʻularni aytishga munosib soʻz topolmadi-yu, Behzodga qarab:
— Moʻyqalamni menga bering! — dedi.

Xonning avzoyi yomonligini hamma sezdi. Behzod maxsus qalamdonda turli boʻyoqlar bilan birga turgan moʻyqalamlarni xonga ta’zim bilan tutdi. Shayboniyxon qoramtir qoʻngʻir boʻyoqqa botirib qoʻyilgan moʻyqalamni oldi. U Buxoroda madrasada oʻqib yurgan paytlarida surat chizishni ham ancha mashq qilgan, moʻyqalam tutishni sal-pal bilar edi. Behzod chizgan suratda Shayboniyxonning soqol-moʻylovi haddan tash-qari qisqa va siyrak koʻrsatilgan, xonning nazarida, tasvir shuning uchun joʻnlashib ketganga oʻxshardi.
— Soqolni durustroq chizmoq kerak! — deb Shayboniyxon oʻzining suratida — quloq yaqinida juda siyrak koʻrsatilgan soqolni bir oz qalinlashtirmoqchi boʻldi. Ammo moʻyqalamda boʻyoq koʻproq ekan, quloq oldidagi soqol birdan kigizday qalinlashib ketdi. Behzod sogʻ tishi sugʻurib olinayotgan odamday:
— Ih! — dedi.

Ammo Muhammad Solih Behzodning bilagini ma’nodor qilib qisdi-yu:
— O! O! Hazratim moʻyqalam tekkizishlari bilan suratga yana fayz kirdi! — dedi.

U Behzodni falokatdan faqat xonni maqtab qutqarish mumkin ekanligini sezib shunday demoqda edi, buni Behzodga ham sezdirgisi kelib:
— Mavlono, tarixiy bir hodisa yuz berdi! — dedi.— Siz chizgan suratga imomi zamon, Iskandari soniy oʻz muborak qoʻllarini tekkizdilar! Buni odamlar asrlar davomida bir-birlariga aytib yurgaylar!

Behzod xonning qilgan ishini — san’atkorga ahmoqona xoʻjayinlik qilishning namunasi deb bilmoqda edi. «Shu ma’noda chindan ham buni tarix unutmas, odamlar bir-birlariga kulib aytib yururlar», degan fikr Behzodning xayoliga endi keldi. Muhammad Solih rasmdagi ramziy ma’noni allaqachon payqaganini, endi xondan baloga qolmaslik uchun ataylab shu gaplarni aytayotganini Behzod tushundi-yu, ichki bir istehzo bilan xonga ta’zim qildi:
— Qulingiz chizgan suratga xalifai zamonamizning nazarlari tushganidan boshim koʻkka yetdi!
— Barakalla! — deb xon uni endi maqtadi.

Xonning qoʻli bilan chaplangan soqol quloq yaqiniga yopishtirib qoʻyilgan poʻstak parchasiga oʻxshar edi. Behzod ichida: «Battar boʻlsin!» dedi-yu, xon bu soqolni qanday xunuk chaplagan boʻlsa, shundayligicha qoldirdi.

3

Xadicha begim kirib bekingan Ixtiyoriddin qal’asi Ubaydulla Sultonni oʻn yetti kun ovora qildi. Nihoyat, qal’a devorining otbozoriga tutashgan nochorroq bir joyini tagidan kavlab, naqb solib[33] buzib kirdilar. Qal’ani mudofaa qilib turgan ellik-oltmish yigit bitta qolmay qirib tashlandi. Qoʻlga tushgan qiz-juvonlar gʻolib qoʻshinning bek va navkarlariga ulashildi.

Xadicha begimning oʻzi haramning ichma-ich eshiklarini orqasidan tambalatib, eng toʻrdagi bir xonaga kirdi-yu, yonida qolgan kanizlarga buyurdi:
— Tantanali marosimlarda kiyadigan kiyimlarimni keltiring!

Ubaydulla Sultonning navkarlari haramning ichida tambalangan eshiklarini buzib kirgunlaricha Xadicha begim katta gavhar qadalgan binafsharang toqisini boshiga kiyib, yasanib, oxirgi eshikdan oʻzi chiqib keldi. Oltin aralash ipakdan toʻqilgan qabosi koʻzni qamashtirar edi. Qaddini tik tutib kelayotgan barvasta ayol malikalarga xos ulugʻvorlik bilan shoshilmay eshikdan chiqar ekan, qilich yalangʻochlagan, hansiragan navkarlarni uning salobati bosdi. Xadicha begim boshini magʻrur tutib yaqin kelganda navkarlar beixtiyor oʻzlarini chetga olib, unga yoʻl berdilar. Begim ularning sarkardasini soʻradi.

Navkarlar uni hovlida otliq turgan Ubaydulla Sultonning oldiga boshlab chiqdilar. Hamon kanizlar qurshovida kelayotgan begim yengil bir ta’zim bilan shoshilmay gap boshladi:
— Sulton janoblari, taqdir ekan, biz taslim boʻldik. Endi men Shayboniyxon hazratlarining huzuriga yoʻllashingizni iltimos qilamen!

Ubaydulla Sulton beklarining orasida turgan Mansur baxshi bilan ma’noli koʻz urishtirib oldi-yu, masxaraomuz kulimsiradi:
— Xon hazratlari begimga aytadigan gaplarini bizga tayinlab yubordilar.
— Unday boʻlsa qulogʻimiz sizda, sulton janoblari!

Ubaydulla Sultonning beklari orasida oq sallalik bir eshon ham bor edi. Ubaydulla Sultonning ishorasi bilan Mansur baxshi va eshon otdan tushdilar. Mansur baxshi zar yoqalik toʻn, qizil etik kiyib, kuyovlarday yasanib kelgan edi. Yigitlardan yetti-sakkiztasi uning atrofini kuyovnavkarlar kabi oʻrab oldilar. Shundan keyin Ubaydulla Sulton Xadicha begimga yuzlandi:
— Imomi zamonning farmoni bilan siz bugun Mansurbekning nikohiga oʻtursiz!
— Begimning oʻzlari ham bilganday yasanib chiqibdilar! — deb kuldi mulozimlardan biri.

Xadicha begim qop-qora yoʻgʻon Mansur baxshining choʻtir yuziga qaradi-yu, dahshatga keldi:
— Men... men xon hazratlari bilan oʻzim soʻzlashamen!
— Xonning siz bilan soʻzlashishga vaqtlari yoʻq!
— Axir men ham podshoh oilasidanmen! Bu qanday xoʻrlik?!
— Siz rofiziylar oilasidansiz! Rofiziylarni jazolash — savob!
— Sulton janoblari, sizning ham mendek keksa onangiz bordirlar. Hech boʻlmasa onaligimni hurmat qiling!..
— Mening onam siz qilgan razilliklarni qilgan emas! Qaysi ona oʻz nevarasini oʻzi oʻldirtiribdi?! Siz nevarangiz Moʻmin mirzoning oʻlimiga sabab boʻlgan xunxoʻrlardansiz!

Xadicha begimning boyagi ulugʻvor va magʻrur qiyofasi endi birdan ayanchli tusga kirdi, qaddi bukchayib, qoʻllari osilib qoldi.

Ubaydulla Sulton navkarlariga buyurdi:
— Ichkariga olib kiringlar. Endi buning koʻzini Mansur baxshi ochsin!

Xadicha begimning boʻshashib, goʻyo toʻkilib ketayotgan gavdasini ikki kaniz ikki tomonidan suyab ichkariga olib kirib ketdilar.

Nikoh oʻqilgach, Mansur baxshi kanizlarni haramdan chiqarib yubordi-yu, Xadicha begim bilan yakkama-yakka qoldi.

Tun sukunatida qandaydir mislsiz qiynoqlardan chinqirgan begimning faryodi haram atrofidagi uylarga ham eshitilib turardi.

Yarim kechada Mansur baxshi oyoqda zoʻrgʻa turgan Xadicha begimni oldiga solib, haramdan chiqdi. Ikkovi oydin qal’aning bir chetiga qarab ketishdi.
— Oltin gul, — deb shivirladi Mansur baxshi. — Oltin bulbuli bor. Ogʻzida gavhari bor. Ana shuni topib bermasang, hozirgidan beshbattar qilamen. Top tezroq!

Hozir jonidan boshqa narsa koʻziga koʻrinmayotgan Xadicha begim Mansur baxshini qoʻrgʻon chetidagi yashirin xazinaga boshlab keldi. Yer ostidagi bu xazinaga salqin suv saqlanadigan sardobaning chetidagi maxfiy yoʻldan kirilar edi. Mansur baxshi qoʻlida yoqmasdan olib kelayotgan mash’alani yer tagiga tushganda yoqdi.

Yer ostida besh-oltita temir sandiq qator turibdi. Xadicha begim madorsiz qoʻllar bilan ularga bir-bir kalit solib, ochib koʻrdi. Ikkitasida kumush tangalar, bittasida oltin tangalar. Bittasida qilich va xanjarlarning oltin dastalari. Yana bir sandiqda ayollarning qimmatbaho taqinchoqlari. Mansur baxshi koʻzlari yonib, bu boyliklarga bir-bir qoʻl urib koʻrdi-yu:
— Oltin gul qani? — dedi. — Barglari zumrad gul qaerda?

Yer ostini agʻdar-toʻntar qilib qidirsalar ham bu gul topilmadi. Xadicha begim:
— Voh! — dedi musibatli tovush bilan. — Eng ishongan odamlarim ham menga xiyonat qilmishlar. Gulni oʻgʻirlab ketmishlar! Soʻnggi najotimni ham oʻgʻirlatibmen! Oh!
— Sen oh-voh deb, Husayn Boyqaroni aldab oʻrgangansen. Lekin meni alday olmaysen. Top gulni! Qani, qaerga yashirgansen?
— Mana shu chetki sandiqda edi...
— Yolgʻon! Sen uni boshqa joyga yashirgansen! Koʻrsat oʻsha joyni!

Mansur baxshi Xadicha begimni zinapoyadan yuqoriga sardoba boʻyiga olib chiqdi.
— Meni alday olmaysen! Koʻrsat!
— Men sizni aldaganim yoʻq? Oʻzim aldandim! Mening paymonam toʻlgani rost ekan. Meni oʻgʻlim aldab ketdi! Muzaffar mirzoni deb men nimalar qilmagan edim! Oqibati shu boʻldi! Meni bu qiynoqlarga oʻgʻlim tashlab ketdi! Oʻgʻlim!!!
— Lekin sen oltin gulni oʻgʻlingga ham bermagansen! Uni oʻzing yashirgansen! Xon hazratlari menga aytdilar. «Gavhar donasini tishlab turgan bulbuli bor», dedilar. Men bu gulni oltin bulbuli bilan xonga peshkash qilamen deb soʻz berganmen. Top hozir!
— Oʻgʻirlatgan boʻlsam qanday topay?!
— Topmaysenmi hali? Topmaysenmi?! Mana topmasang! Devday zoʻr Mansur baxshining bir zarbi bilan Xadicha begim suvi muzday sardobaga shaloplab qulab tushdi. Mansur baxshi uni sochidan tortib chiqarib oldi-yu, haramga tomon sudrab ketdi.

Bu qiynoqlar uch kun davom etdi, ammo oltin gul topilmadi. Xadicha begimning joni qattiq ekan, tirik qoldi. Mansur baxshini esa kelajakda boʻladigan janglardan birida ajal kutmoqda edi...

4

«Nahotki mening ham paymonam toʻlgan boʻlsa?»— degan qoʻrqinchli oʻy Shayboniyxonning xayoliga Mur-gʻob daryosining boʻyida toʻsatdan Shoh Ismoilning qoʻshinlari qurshoviga tushib qolgan paytda keldi.

Achchiq izgʻirin esib, qor uchqunlab turgan bu bad-qovoq kunda Shayboniyxon Murgʻob boʻyiga Shoh Ismoil Safaviyni ta’qib etib borib qolgan edi. Bundan bir necha soatgina oldin Shoh Ismoil bor qoʻshini bilan Marv qoʻrgʻonidan orqaga chekingan paytda Shaybo-niyxon oʻzining yana ulkan gʻalabaga erishishiga mutlaqo ishongan edi. Chunki Marv qoʻrgʻoni ichida koʻpdan beri kuch saqlab oʻtirgan Shayboniyxonning oʻn besh ming qoʻshini bor edi. Xonga kelgan aniq axborotlarga qaraganda, Shoh Ismoilning Marv qoʻrgʻonini qamal qilib, qish sovugʻida izgʻib yurgan qoʻshini oʻn ikki mingdan oshmas edi. Sovqotib, orqaga betartib chekingan lashkarga ichkarida issiqqina joyda kuch toʻplab yotgan lashkar hamla qilsa — Shayboniyxonning gʻolib chiqishi muqarrardek tuyulardi.

Soʻnggi yillarda Shayboniyxonning eng zoʻr istagi— Shoh Ismoil ustidan uzil-kesil gʻalaba qilish edi. Oʻzini «xalifai rahmon» deb e’lon qilgan Shayboniyxon musulmon olamiga yagona diniy rahbar boʻlish niyatida edi. Eron va Ozarboyjonda shia mazhabini davlat dini qilib koʻtargan Shoh Ismoil Safaviy esa oʻzini «sohibi zamon» deb e’lon qilgan edi. Demak, u ham musulmon olamiga rahbar boʻlishga intilardi. «Bir qinga ikki qilich sigʻmagay, musulmon olamiga yo men rahbar boʻlishim kerak yoki Shoh Ismoil!» Shayboniyxon shu e’tiqod asosida Shoh Ismoil bilan bultur astoydil bellashmoqchi boʻldi. Hirotdan ellik ming qoʻshin bilan Eronning Kermon va Gurgon shaharlarigacha bostirib bordi.

Oʻshanda Shoh Ismoil gʻarbdagi turk sultoni Boyazid II bilan jang qilib yurgan edi. Gurgonda va ayniqsa Kermonda shialar harakati juda avjiga chiqqan, Shayboniyxon bu shaharlardagi shialarning boshliqlarini ayovsiz qatl ettirdi, ularning masjid va ziyoratgohlarini buzdirdi, mol-mulklarini talattirdi. Bu hammasi shialar peshvosi Shoh Ismoilni dargʻazab qilishi va darhol jangga otlantirishi kerak edi. Oʻsha paytda hal qiluvchi jang boʻlsa, Shayboniyxon gʻolib chiqishi muqarrar, chunki Shoh Ismoilning yarim kuchi turk sultoni bilan urushda band edi. Buni shohning oʻzi ham sezgan boʻlsa kerak-ki, hamma alamini ichiga yutib, Shayboniyxonga yaxshi muomala qildi, maxsus elchi yuborib, uni Movarounnahr va Xurosonning oliy hukmdori, deb tan oldi va oradagi adovatni urushsiz bartaraf qilishga istak bildirdi.

Shayboniyxonning oʻgʻli Temur Sulton, jiyani Ubaydulla Sultonlar shoh elchisiga iloji boricha yaxshi muomala qilishni, unga shirin gaplar aytib, shohga sovgʻa-salomlar yuborib, uni Samarqanddagi Sulton Ali mirzo va Toshkentdagi Mahmudxon kabi gʻaflatda qoldirishni, keyin payti kelganda oʻshalarga oʻxshatib yoʻq qilib yuborishni istar edilar. Lekin orada dinu mazhab nizosi ajdahoga oʻxshab ogʻzini ochib turardi. Shayboniyxon Xurosonda turgan oʻz qoʻshinining shialar ta’sirida shu ajdahoning domiga tortilib ketishidan qoʻrqar, «dinu imon yoʻlida murosa yoʻq, kimki shialarga qoʻl bersa, dindan qaytib, rofiziy boʻlgʻay», degan gapni koʻp takrorlardi. Endi agar Shayboniyxon oʻgʻli va jiyanining soʻziga kirib, Shoh Ismoilni tan olsa, unga yaxshi muomalada boʻlsa, shu bilan beixtiyor shia mazhabini tan olgan boʻlmaydimi? Odamlar: «Xonimizning oʻzi ham rofiziylik yoʻliga kiryapti!» demaydimi? Yoʻq! Shayboniyxon oʻzining pok e’tiqodiga dogʻ tushirishni istamaydi! Uningcha, gʻayridindan ham rofiziylik yomon. Chunki gʻayridin — hali musul-monchilikdan bexabar. Rofiziylar esa avval musulmon boʻlgan, keyin choryorlar nomiga xiyonat qilib, ulardan yuz oʻgirgan. Shayboniyxon bunday odamlarga shafqatsiz munosabatda boʻlishi kerak.

Shu fikr asosida u shoh elchisini behurmat qilib qaytardi. Shohning maktubiga esa osmondan kelib javob yozdi. «Sen bir shayxning oʻgʻlisan, toju taxtni senga kim qoʻyibdi, belingga kashkulingni bogʻlab, qalandarligingni qilsang-chi!» degan ma’noda unga kashkul va hassa «sovgʻa» qilib yubordi. Bu voqeadan keyin Shoh Ismoil turk sultoni bilan sulh tuzdi-yu, Shayboniyxonga qarshi jangga tayyorlana boshladi. Xonning Kermondagi shia masjidlarini buzdirgani ustiga endi Shoh Ismoilning elchisini behurmat qilib qaytargani qoʻshilgach, Shayboniyxondan qasos olishni istovchilarning soni koʻpayib ketdi.

Xuddi shu paytlarda Movarounnahrdan ham tashvishli xabarlar kela boshladi — koʻchmanchi sultonlar zulmiga chiday olmagan Toshkent, Fargʻona, Buxoro aholisi ularga qarshi isyon koʻtaradilar. Gʻalayonlar Samarqandda ham, Hisorda ham boʻlayotganini eshit-gan Shayboniyxon Hirotdagi qoʻshinlaridan oʻttiz mingini Movarounnahrdagi sultonlarga yordamga yubordi. Bu gʻalayonlarning sababini bilishiga yuborilgan maxsus kishilar Turkiston, Hisor va Buxoro sultonlarining oʻzboshimchalik yoʻliga oʻtganlarini aniqlab keldilar. Shayboniyxon uch yildan beri Hirotda yashamoqda edi. Uning uzoqdaligidan foydalangan sultonlar oʻzlarini xon, koʻlankalari maydon bilib ish olib bormoqda edilar. Xufiyalar ularning igʻvo gaplarini ham Shayboniyxonga yetkazib turar edilar. Xususan, Ubaydulla Sulton, Koʻchkinchixon va Hamza Sultonlar Shayboniyxonning Shoh Ismoil bilan qaltis siyosat olib borayotganidan norozi edilar: «Jangni biz qilamiz, gʻalabani biz keltiramiz, xonimiz faqat yosh qizchalarni nikohiga olib, lazzatlanishni biladi, hech qaysimizning maslahatimizni olmaydi, shunday boʻlgach, biz ham bu yerda istaganimizcha davron suraylik-da». Sultonlarning bu gaplari Shayboniyxonning gʻazabini avjiga chiqardi.

U ichki nizolarni bir zarba bilan bartaraf qilmoqchi boʻldi-yu, Ubaydulla Sultonni Buxoro hokimligidan, Koʻchkinchixonni Turkiston hokimligidan, Hamza Sultonni Hisor hokimligidan olib tashladi va ularning oʻrinlariga boshqa itoatkor odamlarni qoʻydi. Albatta, bu keskin tadbir xon qoʻshini orasida katta obroʻga ega boʻlgan Ubaydulla Sulton va Hamza Sultonlarning tarafdorlarini qattiq norozi qildi.

Movarounnahrdagi gʻalayonlar va xon saroyidagi ichki nizolardan xabar topgan Shoh Ismoil bu qulay fursatdan foydalanib qolishga intildi. Odatda, katta harbiy yurishlar bahor va yoz oylarida boshlanar, Shayboniyxon ham shohning hujumini «boʻlsa, qish oʻtgandan keyin boʻlar», deb oʻylar edi. Ungacha Movarounnahrga joʻnatilgan oʻttiz ming qoʻshin Hirotga qaytib ulgurishi mumkin edi. Lekin Shoh Ismoil xon kutmagan kech kuz paytida Hirot ustiga qoʻshin tortib kelayotgani ma’lum boʻldi. Xurosonda Shayboniyxondan norozi odamlar juda koʻp, Shoh Ismoil yaqinlashsa, ular bosh koʻtarishi muqarrar. Xonning asosiy kuchlari esa Amudaryodan narida. Shayboniyxon shoshilinch ravishda Murgʻob boʻyiga — Marv qoʻrgʻoniga chekinishga majbur boʻldi.

Xonning bunday seskanib chekinishini koʻpdan beri koʻrmagan a’yonlari qattiq sarosimaga tusha boshladilar. Shunda xon ularning oʻpkasini bosadigan bitta vaj koʻrsatdi:

«Oʻsha gʻaddor rofiziylar yurtidan uzoqroq ketganimiz ma’qul. Shoh bizga ergashib Movarounnahrga yaqinroq borsin. Oʻzimizning pok mazhabli sunniylar yurtidan madad olurmiz. Ungacha oʻttiz ming lashkar yetib kelgay. Biz shohga Marvda qopqon qoʻyib, tumshugʻidan ilintirgaymiz!»

Xonning bu rejasini barcha mulozimlari va a’yonlari darhol: «Dono tadbir!» deb maqtadilar. Biroq ular Marv qal’asida bekinib oʻtirgan paytlarida Shoh Ismoil qoʻrgʻonni qamal qilib, Shayboniyxon nomiga kinoyali maktublar yoʻlladi. «Xon yuborgan hassaga suyanib, kashkulni belimizga bogʻlab keldik, qani endi xonda yurak boʻlsa qoʻrgʻondan chiqsin, shayxning oʻgʻli bilan bellashsin!» degan zaharxanda gaplar Shayboniyxonning izzat-nafsiga qanchalik qattiq tegmasin, u tishini tishiga qoʻyib, haftalar davomida qoʻrgʻonda oʻtirdi. U tajribali lashkarboshi sifatida shuni yaxshi bilar ediki, yigirma toʻrt yoshli Shoh Ismoil qanchalik urinmasin, ertami-kechmi qish sovuqlari va izgʻirinlari uni iliq joy izlashga majbur qiladi. Ochiq havoda diydirab yurgan askarlar qoʻli qovushga kelmay qunishib chekinishga tushsa, ana oʻshanda Shayboniyxon issiq qoʻrgʻonda kuch toʻplab yotgan oʻz askarlarini boshlab chiqadi. Ungacha albatta Movarounnahrdagi lashkar ham kelib qoladi. Ikki tomondan berilgan zarba Shoh Ismoilni tamom qilishi aniq. Ana undan keyin Eron ham Shayboniyxonniki boʻladi, naryogʻi Bagʻdodga va Makkayu Madinaga yoʻl ochiladi... Shayboniyxon chindan ham butun musulmon olamiga xalifai rahmon va Iskandari soniy boʻladi!..

Xonning bu shirin oʻylarini faqat bir narsa taxir qilmoqda edi. Chopar ketidan chopar borib, Movarounnahrdagi qoʻshinni tezroq Marvga yetib kelishga undayotgan boʻlsa ham oʻttiz ming lashkar hamon Amudaryodan narida imillab yurar edi. Xon bu imillashning sababini bilardi. Qoʻshinda hali ham Ubaydulla Sulton va Hamza Sultonlarning ta’siri zoʻr. Ular hokimlikdan tushirilganliklari uchun xondan juda xafa. «Mana endi onhazratimiz bizsiz jang qilib koʻrsinlar!» degandek arazlab yurishibdi.

«Lekin men boʻlmasam hammang kuchukbachchaday xor boʻlib oʻlasan-ku!» — ichida sultonlarini soʻkardi Shayboniyxon.
— Hozir butun davlatimiz, butun sulolamiz xavf ostida-ya, nahotki shuni fahmlamasanglar? Hayot-mamoting hal boʻladigan paytda, yo shoh meni yoʻq qiladigan, yoki men shohni nest-nobud qiladigan asnoda shunday arazlab yurishlaring itlik emasmi? Sen itlar hali koʻrasenlar, shu qamaldan eson-omon qutulsak, hammangni tavbangga tayantirgaymen!»

Nihoyat, izgʻirinli sovuq kunlarning birida, Shoh Ismoil xonga yana bir maktub yoʻllab, uning qoʻrgʻondan chiqmaganini qoʻrqoqlik deb atadi, bahorda yana qaytib kelajagini bildirdi, soʻng Marvning gʻarbi janubidagi Mahmudi degan qishloq tomonga chekina boshladi.

Shayboniyxon oʻn besh ming qoʻshinni darhol otlantirdi. Uch yuztacha navkarni qal’ada qoʻriqchilik qilish uchun qoldirdi-yu, qolganlarini qoʻrgʻon darvozalaridan tashqariga boshlab chiqdi. Uzoqda shoh askarlari chodir va oʻtovlarini aravalarga ortib, betartib chekinib bormoqda.

Shayboniyxon baland bir joyga chiqib, Amudaryo tomonga uzoq tikilib qaradi. Qani endi oʻsha oʻttiz ming qoʻshini hozir yetib kelsa! Lekin oʻsha yoqdan otini yeldirib kelgan chopar qoʻshinning hali ham Amudaryodan narida yurganini aytdi.

Shoh Ismoil askarlari hamon chekinib bormoqda. Nahotki Shayboniyxon shunday qulay fursatni boy berishi kerak? Odamlar: «Xon qoʻrqoqlik qilgan, boʻlmasa uning qoʻshini shohnikidan koʻp, dadil hamla qilsa yengar edi», deyishmaydimi? Narigi sultonlar esa: «Ana, bizsiz xon hech vaqt jang qilolmaydi!» deyishi ham turgan gap. Eh, agar shu gal xon gʻalabani narigi Ubaydulla Sulton va Temur Sultonlarsiz qoʻlga kiritsa edi, qolgan butun umri shon-shuhrat ichida oʻtmasmidi?

Xon ikkilanib turganini koʻrgan mulla Abdurahim izgʻirinda lablari koʻkarib, iltimos qildi:
— Hazratim, biz sizning ulugʻ joningizni xavf-xatardan uzoqroq tutmogʻimiz darkor. Movarounnahrdan keladigan qoʻshinni kutaylik.

Xon qahr bilan soʻradi:
— Qani oʻsha qoʻshin! Qani?!
— Qish izgʻirinida daryodan oʻtmoq mushkul. Biroq Ubaydulla Sulton bilan Temur Sultonlar hademay kelib qolurlar.
— Shoh Ismoil Tabriziga yetganda kelurmi? Agar bu it sultonlar istasa allaqachon yetib kelmasmidi? Bu sultonlaring joʻrttaga meni yolgʻiz tashlab qoʻydi! «Hamma gʻalabani biz qoʻlga kiritamiz!» deb maqtanar emishlar, ablahlar! Men boʻlmasam gʻalabani tushlarida ham koʻrishmas edi!
— Haq gapni aytdingiz, hazratim!
— Men mana bu shunqorlarim bilan erishganmen butun gʻalabalarga! — Shayboniyxon shunday dedi-yu, jangga shay boʻlib turgan oʻn toʻrt mingdan ortiq qoʻshinning saflari orasiga ot choptirib kirdi: — Shunqorlarim, yogʻiyning safi buzilib chekinganini koʻrdilaring. Ular son jihatdan ham bizdan oz! Oʻzlari sovuqda diydirab holdan ketgan. Men ishonamen, ollohu taolo bizga yana bir ulkan gʻalabani in’om etgusidir! Muhammad alayhissalomning arvohlari pok sunniy mazhabidagilarni qoʻllab-quvvatlagusidir! Choryori bosafolar madadkoringiz boʻlsin, shunqorlarim. Dushman oʻz saflarini qayta tuzib ulgurmasdan yetib boringlar! Xudo omadlaringni bersin! Omin ollohu akbar!

Minglab ovozlarning:
— Ollohu akbar!
— Ollohu akbar! — degan hayqirigʻi barcha saflar boʻylab taraldi.

Koʻpakbiy va Qambarbiylar oldinda, Shayboniyxon qoʻshinning oʻrtarogʻida qizilboshlar ketidan ot choptirib ketdilar.

Ilgari xonga aniq axborotlar berib turadigan maxsus odamlar bu gal Shoh Ismoilning yolgʻondakam chekinayotganini va harbiy nayrang ishlatmoqchi ekanini bilmay qolgan edilar.

Shoh Ismoil Marvni qamal qilish uchun askarlarning ozroq bir qismini boshlab borgan edi. Uning yana yigirma ming kishilik saralangan askarlari Marvdan yigirma chaqirimcha naridagi qumtepalar ortiga pistirma qilib qoʻyilgan edi.

Bunday harbiy nayrangni Shayboniyxonning oʻzi oʻn ikki yil muqaddam Buxoroning Qorakoʻl shahrida qoʻzgʻolon koʻtargan isyonchilarga qarshi ishlatgan edi. U ham qoʻshinning asosiy qismini Qorakoʻlning sharqidagi pana joylarga bekitib qoʻyib, ozgina askari bilan hujumga borgan, qal’a ichidagi isyonchilar yovning ozligidan dadillanib tashqariga chiqqan edilar. Shunda xonning qoʻshini joʻrttaga tumtaraqay boʻlib qochgan, isyonchilar esa ularni «Yengdik» deb ketlaridan quvgan edi. Biroq qal’adan besh-olti chaqirim uzoqlashganlaridan keyin pistirmadagi xon askarlari yopirilib chiqqan va isyonchilarni qirib tashlagan edi. Keyin Shayboniyxon qal’a ichida qolganlarni ham qatliom qilib, Qorakoʻlning otbozorida odam kallasidan ulkan minora yasatgan edi.

Hozir oʻz kuchiga ortiq darajada ishonadigan Shayboniyxon bu hiylani boshqa lashkarboshilar unga nisbatan ham ishlatishlari mumkinligini xayoliga keltirmas edi. Shoh Ismoilning Marvga koʻrinish bergan oʻn ming chogʻlik qoʻshini Mahmudi degan joyda Murgʻob daryosi ustiga qurilgan koʻprikdan shosha-pisha oʻtib ketdi. Shoh Ismoil goʻyo bu koʻprikni himoya qilib turish uchun uch yuztacha askar qoldirgan edi. Shayboniyxon koʻprikka yaqinlashgach, bu uch yuz qizilbosh xoʻjakoʻrsinga tiraqaylab qochdi. Daryodan faqat shu koʻprik orqali oʻtish mumkin edi — har ikki qirgʻoq ham baland jar, kechuv yoʻq, buning ustiga, qishki daryoning suvi juda sovuq, toʻngʻib qolish hech gap emas edi. Shayboniyxonning butun qoʻshini koʻprikdan oʻtib boʻlguncha Shoh Ismoilning pistirmada yotgan kuchlari oʻzini sezdirmadi. Shayboniyxon uzoqda «qochib ketayotgan» Shoh Ismoil qoʻshinining izidan tushib, koʻprikdan ancha uzoqlashgandan keyin pistirmada yotgan kuchlar birdan maydonga chiqdi. Oʻqlab qoʻyilgan zambaraklar xon ustiga toʻsatdan oʻq yogʻdirdi. Toʻrt tarafni qizilboshlar tutib ketdi.

Shayboniyxon oʻzining Qorakoʻlda ishlatgan harbiy hiylasini endi esladi-yu, orqada qolgan koʻprikka qarab chekindi. Ammo yogʻoch koʻprik allaqachon buzib tashlangan edi. Chekinib borgan qoʻshinning bir qismi jardan daryoga qulab tushdi. Daryoning oʻzanini otlar va odamlarning oʻligi tutib ketdi. Xonning oʻzi saralangan xos navkarlari bilan mollar qishlaydigan atrofi yopiq bir qoʻraga kirdi. Qoʻrani qizilboshlarning olov halqasi oʻrab oldi. Xonning xosnavkarlari qizilboshlar qurshovida oʻlgan-qolganlariga qaramay jang qildilar. Qoʻra darvozasining oldilari, paxsa devorlarning taglari har ikki tomondan qirilganlarning jasadiga toʻlib ketdi. Xon himoyada qattiq turganini koʻrgan Shoh Ismoil zambaraklarni qoʻraning atrofiga oʻrnattirib, devor osha oʻq ottira boshladi.

Zambarak gumburlashidan hurkkan, yarador boʻlib quturgan otlar bir-birlarini urib, yiqitib oʻzlarini u yoqdan-bu yoqqa tashlay boshladilar. Qoʻra ichida dahshatli tiqilinch, ur-sur boshlandi. Shayboniyxon qoʻlida qilichi bilan odamlariga hayqirib, toʻpolonni bosmoqchi boʻlayotganda toʻpning tosh oʻqlaridan biri xon mingan otning boshiga kelib tegdi. Ot gandiraklab bir yoniga yiqildi-yu, egasini ham yerga otib urdi. Shayboniyxon oyogʻini uzangidan chiqarishga ulgurmadi— bir oyogʻi otining tagida qoldi. Shu zahoti yana bir ot surinib yiqildi-da oʻmrovi bilan xonning koʻkragidan bosib tushdi. Shayboniyxon qovurgʻalari sinib, vujudi ezilib, nafas ololmay qoldi-yu, hushidan ketdi.

Jang tugagandan keyin xonni taniydigan qizilbosh beklardan biri uning jasadini qalashib yotgan ot va odam oʻliklari orasidan arang qidirib topdi. Abdurahim Turkistoniy, Mansur baxshi koʻtaruvchi va boshqa juda koʻp mulozimlar, navkarlar ham xonning nari-berisida oʻlib yotar edilar.

Gʻoliblar Shayboniyxonning boshini kesib, nayzaga sanchdilaru Shoh Ismoil minib turgan otning oyogʻi tagiga eltib tashladilar. Keyin qizilboshlar Shayboniyxon qirgan shialar qasdiga uning kesik boshidan terisini shilib olib ichiga somon tiqdilar. Gʻarbda shialarni quvgʻin qilayotgan va Shoh Ismoilga alam oʻtkazgan sunniyparastlardan yana biri — turk sultoni Boyazid II edi. Shoh Ismoil Shayboniyxonning somon tiqilgan boshini turk sultoniga: «Men bilan qasdlashgan sunniylar qay ahvolga tushishini koʻrib qoʻy!» degan ma’noda «sovgʻa» qilib yubortirdi.

Sunniy — shia dushmanligi shu darajaga yetgan ediki, qizilboshlar bunga ham qanoat qilmay, Shayboniyxonning bosh suyagiga oltin qoplatib, undan may ichadigan kosa yasaydilar[34].


II- qism
 



  1. Sangfarsh — goʻzal toshlardan gul yasash.
  2. Nishon — farmon, buyruq.
  3. Barak — chuchvara.
  4. Boʻdi — «boʻldi» degani.
  5. Checha — bu yerda kelinoyi, yanga ma’nosida.
  6. Rum — Turkiya.
  7. Oʻzbekxon — Oltin Oʻrda xoni, 1312—1342-yillarda hukmronlik qilgan, uning poytaxti Saroy Berke Volga boʻyida, hozirgi Volgograd yaqinida boʻlgan.
  8. Iskandari soniy — Ikkinchi Iskandar, Shayboniyxonga berilgan yuksak ta’riflardan biri.
  9. Qaptali — yoni, qatori.
  10. Gʻunchachi — muvaqqat xotin.
  11. Chaqardiza — keyinchalik «Shakarjiza» deb aytiladigan boʻlgan.
  12. Nasta’liq — arab yozuvidagi husnixatning keng tarqalgan bir turi.
  13. Sensiz Dargʻam suvidek dardu gʻamdamen,
    Sensiz Koʻhak (Zarafshon) daryosidek giryonman.
  14. Dabusiya — «Temir qoʻrgʻon» demakdir. Ziyoviddin degan joyda hozir bu qal’aning xarobalari bor.
  15. Masofurush — ochiq joyda yuzma-yuz olishish.
  16. Toʻra — qalqonning bir turi. Otliqlarning qalqonidan kattaroq boʻladi.
  17. Saripul — hozirgi Kattaqoʻrgʻon shahri yaqinidagi bir qishloq.
  18. «Olamni mardlik va zoʻrlik bilan oldik, lekin oʻzimiz bilan birga goʻrga olib ketmadik». Bobur 1502-yilda toshga oʻydirgan bu satrlarni oradan 452-yil oʻtgandan keyin 1954-yilda tojik olimi A. Muxtorov Obburdon qishlogʻidagi bir quduq yonidan topib oladi. Toshga bitilgan bu she’r hozir Dushanbeda muzeyda saqlanmoqda.
  19. Oʻron — parol.
  20. Sanobar — nina bargi och havorang tusdagi goʻzal qaragʻaysimon daraxt. Bizda masalan, Sayrobda uchraydi.
  21. Unsiya — «Doʻstlik uyi» demakdir.
  22. Nadim — qurdosh-suhbatdosh.
  23. Rub’i maskun — dunyoning inson obod qilgan qismi.
  24. Navohi — kichik oʻlka, tuman.
  25. Gʻizol — kiyikning Xurosonda koʻp uchraydigan bir turi.
  26. Ochar — zira va sirka qoʻshib tayyorlangan goʻshtli taom.
  27. Revu rang — shumlik, oʻz ishiga puxtalik.
  28. Oʻlang — yaylov degani.
  29. Kelajakda Muhammad Haydar Mirzo Bobur tarbiyasini olib ulkan adib boʻlib yetishadi va mashhur «Tarixi rashidi» kitobini yaratadi.
  30. Mahfuri — gullariga she’riy baytlar qoʻshib toʻqilgan nodir ipak gilam.
  31. Shabpoʻsh — kechasi kiyib yotiladigan doʻppisimon yengil bosh kiyimi.
  32. Rofiziylar — islomning sunniy mazhabidan shia mazhabiga oʻtganlar va umuman, musulmonchilikdan chiqqanlar.
  33. Naqb solish — tagi kavlangan devorni olov va borut (porox) bilan portlatib qulatish.
  34. Aql bovar qilishi qiyin boʻlgan bu tafsilotlar Shoh Ismoilning dushmanlari tomonidan yozib qoldirilsa mubolagʻa deb oʻylash mumkin edi. Lekin bu tafsilotlar Shoh Ismoilning xayrixohlari yozgan «Tarixi olam oroyi Abbosiy»da va Xondamirning «Habib us-siyari»da ham keltirilgan.