OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifPirimqul Qodirov
Asar nomiYulduzli tunlar (III- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Pirimqul Qodirov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm378KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/09
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yulduzli tunlar (III- qism)
Pirimqul Qodirov

Taqdir Taqozosi (Ikkinchi Qism davomi)

Qunduz. Samarqand - Ikki Qilich Orasida

1

Zarrin popuklar bilan bezatilgan oq tuyaning ustida malikalar oʻtiradigan baxmal soyabonli kajavada Xonzoda begim toʻqqiz yashar oʻgʻilchasi Xurramshoh bilan Balxdan togʻ oshib, suv kechib Qunduzga bormoqda edi. Begimni besh-oltita kanizlari, xizmatkorlari va yuzga yaqin shoh navkarlari kuzatib kelmoqda edilar.

Shayboniyxondan shunchalik shafqatsiz oʻch olgan Shoh Ismoil xonning Marvda asir tushgan xotinlaridan biri — Bobur mirzoning egachisi ekanligini eshitib, unga alohida iltifot koʻrsatgani tasodifiy emas edi.

Marvdagi voqealarni Qunduzda turib eshitgan Bobur Shoh Ismoilga maxsus maktub yoʻllab, uni Shayboniyxon ustidan erishgan katta gʻalabasi bilan tabriklagan, soʻng xon haramidagi egachisi Xonzoda begimni beshikast Qunduzga joʻnatib yuborishni iltimos qilgan edi.

Boburni Shayboniyxon bilan dadil olishganligi uchun hurmat qiladigan Ismoil Safaviy endi uni oʻziga ittifoqdosh qilgisi keldi-yu, Xonzoda begimga qoʻshib, eng ishongan kishilaridan biri — Muhammadjon eshik ogʻasini Bobur huzuriga elchi qilib joʻnatdi.

Xonzoda begim shohning yashirin niyatlarini bilmasa ham yana allaqanday xatarlar uni yosh oʻgʻilchasi bilan birga oʻz girdobiga tortmoqchi ekanini elas-elas sezar va noma’lum bir tahlikadan yuragi dam-badam uvushar edi.

Shohning elchisi va navkarlari butun yoʻl davomida Xonzoda begimni ham, uning oʻgʻli va kanizlarini ham oʻz odamlari kabi astoydil avaylab va qoʻriqlab kelmoqda edilar. Ularning ayollar bilan muomaladagi odoblarini, olijanob ehtiromlarini begim koʻp marta sezdi. Shoh Ismoildan boshqa podshoh boʻlsa, Shayboniyxonday ashaddiy dushmanning norasida oʻgʻlini yoʻq qilib yuborishi, xonning xotinini oʻz haramining asirasiga ay-lantirishi yoki birorta bekiga nikohlab berishi mumkin edi. Shoh Ismoil shunday qilmagani, aksincha, Xonzoda begimni malikalarday izzat-ikrom qilib, yoniga moʻ’tabar elchilaru oʻnlab navkarlarini qoʻshib, Boburning huzuriga yuborgani, bu jabrdiyda juvonning qalbida umrbod unutilmaydigan bir minnatdorchilik tuygʻusi uygʻotgan edi.

Xonzoda begimni butun yoʻl boʻyi sergaklantirib borayotgan noma’lum xavf goʻyo bahaybat togʻlar va oʻrmonlarda yashirinib turganga oʻxshardi. Qish endi chiqqan, togʻlarda hali qor koʻp. Baland dovonlardan, tor-tangilardan oʻtayotganlarida Xonzoda begimning nazarida, togʻdan koʻchki tushib, hammalarini bosib qoladiganday boʻlardi. Momaqaldiroqli yomgʻirlar yoqqanda daralarning sellari begimning yonidagi oʻgʻilchasini oqizib ketadiganday vahmini keltirardi. Bir kecha Amudaryoning chap qirgʻogʻidagi oʻrmonning chetida— Surbaytal degan joyda tunadilar. Xonzoda begim oʻrmonda kiyik ovlab yurgan yoʻlbarslarning haybatli boʻkirishlarini eshitib, tuni bilan uxlay olmay chiqdi.

Ilgari Shayboniyxonning ukasi — juda koʻp xatarli janglarda oʻlmagan Mahmud Sulton mana shu Qunduzga kelganda allaqanday yomon bezgakka uchrab, bir necha kun ichida oʻlib qolgan, keyin uni Qarshiga eltib koʻmishgan edi.

Qunduzning ilgarigi xonlari bahavo bir joyga qurdirgan mustahkam qal’a va uning ichidagi qasr ham Xonzoda begimga uzoqdan xiyla fayzli koʻrindi. Bu qasr ichida hozir u oʻzining suyukli inisi bilan uchrashishini oʻylaganda shodligi koʻksiga sigʻmay entikdi.

Ularni kutib olgan mulozimlar Xonzoda begimni oʻgʻli va kanizlari bilan birga mehmonxonaning yaxshi bezatilgan alohida bir xonasiga kiritib qoʻydilaru Boburga xabar berish uchun qoʻrgʻonning toʻriga qarab ketdilar.

Anchadan keyin Xonzoda begim oʻtirgan xonaning eshigidan chiroyli soqol-moʻylov qoʻygan oʻttiz yoshlardagi yigit shoshilib kirib keldi. Begim uni Boburning mulozimlaridan deb oʻyladi, sekin oʻrnidan turib, salomiga alik oldi. Yigit unga tomon yurib kelar ekan, ovozi titrab:
— Begim, qadamingiz qutlugʻ boʻlsin! — dedi.

Bu — Bobur edi. Lekin Xonzoda begim ukasini soqol-moʻylov qoʻymagan oʻn toʻqqiz yoshli silliqqina yigit qiyofasida eslab qolgan edi. Hozir uning qarshisida turgan keng yelkali, soqol-moʻylovi tekis tarashlangan yigitning kiyimlari ham shohona emas edi: boshida bezaksiz oddiy simobi salla, egnida zira beqasam toʻn. Begim yana uni Boburning beklaridan biri deb oʻyladi-yu, hayajonlanib aytgan soʻzlariga bosiq javob qildi:
— Qulluq!

Devoni xosda yozuv-chizuv ishlarini qilib oʻtirgan Bobur opasining xabarini eshitib xonaki kiyimda chopib kelgan edi. Xonzoda begim esa hali ham podshoh ukasining kirishini kutib, eshikka olazarak boʻlib qarar edi. Bobur opasiga agʻrayib qarab qoldi. Eshikdan Muhammad Koʻkaldosh degan mulozim kirganda begim undan:
— Amirzodam qanilar? — deb soʻradi.

Muhammad Koʻkaldosh hayron boʻlib Boburga qaradi. Bobur gap nimadaligini endi tushundi-yu, tomogʻiga bir narsa tiqilib, ovozi boʻgʻildi:
— Meni tanimadingizmi?
— Siz... Siz...
— Men Boburmen!
— Nahot?!
— Men sizning iningizmen! Gunohkor iningiz Bobur!

Xonzoda begim Boburning koʻzlarini, boburona ovozni endi tanidi-yu, oʻzini inisining bagʻriga otdi. Qoʻllarini yuzi bilan birga Boburning koʻkragiga bosdi. Bobur opasining yelkalaridan quchdi, uning sogʻinch va quvonch bilan aytgan soʻzlarini qulogʻi bilan emas, goʻyo koʻksi bilan eshitdi:
— Boburjon! Siz... Siz oʻshanda mendan ranjigansiz!.. Bilamen... Boshingizga ta’na toshlari yogʻilgan... Men... aytolmagan edim. Oʻzim uchun emas, siz uchun...
— Men ham buni keyin bildim. Siz meni qutqarish uchun oʻzingizni xonga tutib bermishsiz. Men sizdan umrbod qarzdormen!
— Oʻshal qarzingizni mana endi uzdingiz, Boburjon. Bu daf’a meni siz qutqardingiz! Agar Shoh Ismoilga yozgan nomangiz bormasa, meni ham, xon harami bilan asir tushgan ayollar qatori, biron bek yoki mulozimga tutqun qilib berur edilar. Shoh Ismoil siz tufayli meni shunchalar izzat-ikrom bilan ozod qilib, kuzatib qoʻydi. Sizdek inim borligi uchun xudoga ming shukrlar qildim!

Xonzoda begim yuzini Boburning koʻksidan oldi-yu:
— Hazrat onamlar qaydalar? — dedi. — Bultur bir shumxabar eshitdim, rostmi?
— Besh yil burun... Xasba[1]dan jon berdilar. Kobulning Bogʻi Navroʻziysigʻa qoʻydik.
— E voh, ellikka ham toʻlmay ketibdilar-a!..
— Menga ham shunisi behad alam qildi! Saksonga, toʻqsonga kirganlar ozmi?
— Onamni gʻamu gʻurbat ado qilgan, amirzodam! Bizni deb ozmuncha kulfat chekdilarmi!

Muhammad Koʻkaldosh gapni boshqa yoqqa burdi:
— Taqdirga chora yoʻq, begim. Mana bugun siz podshoh hazratlari bilan yana topishganingizdan hazrat onangizning arvohlari shod boʻlur! Qani, oʻtirsinlar. Fotiha oʻqiylik.

Zarbof koʻrpachalar ustiga oʻtib oʻtirdilar. Bu orada tashqaridan begimni koʻrish uchun kirgan Qosimbek qavchin Qutlugʻ Nigor xonimning ruhiga bagʻishlab tilovat qildi.

Keyin Xonzoda begim kanizlari orasida hammani jimgina kuzatib oʻtirgan oʻgʻilchasi Xurramshohni imlab chaqirdi.

Bolaning oq-sargʻish yuzi, koʻzining koʻkimtirligi, qisqa boʻyni va siyrak qoshlari xuddi Shayboniyxonnikiga oʻxshar edi. Bobur Shayboniyxonni koʻrmagan boʻlsa ham Xonzoda begim oʻgʻlini unga tanishtirayotganda bolaning qiyofasida xon otasidan meros qolgan alomatlarni aniq koʻrganday boʻldi.

Xurramshoh yetti yoshga kirar-kirmas otasi uni Balx viloyatiga hokim qilib qoʻygan edi. Hokimlikni bolaga atka qilib belgilangan Madhi Sulton qilsa ham Xurramshoh oʻz qarshisida katta-katta odamlarning bosh egib ta’zim qilishlariga anchagina oʻrgangan edi. Xonzoda begim oʻgʻliga Boburni koʻrsatib:
— Togʻoyingiz mana shu kishilar! — deganda Xurramshoh Boburning xayolidan oʻtgan narsani sezib yotsiradimi yoki uning kiyimlari joʻnligini koʻrib, nazariga ilmadimi, istar-istamas bosh irgʻab salom berdi. Ammo togʻasiga yaqin bormadi. Shunda Xonzoda begim uni yelkasidan sekin itarib qulogʻiga shivirladi:
— Esingizni yigʻing, podshoh Bobur mirzo huzuridasiz! Shoh Ismoil shu hazrat tufayli sizni ozod qildi!

«Podshoh» va «hazrat» degan soʻzlardan bolaning koʻzlari goʻyo charaqlab ochilib ketdi. Shu payt Bobur jiyanining koʻzlari oyisinikiday yirik-yirik ekanini sezdi.

Tojdorlar bilan muomala qilishning mashqini yaxshi olgan bola endi tizzachasini gilamga tirab, Bobur qarshisida yukundi, soʻng ikki qoʻlini koʻksiga qoʻyib, egilib ta’zim qilar ekan, chuchuk til bilan:
— Hazratim, men sizga... sizga xizmatqa keldim!— dedi.

Bobur uning burni ham Xonzoda begimniki kabi qirrali ekanini endi koʻrdi va bu bolaga nisbatan qalbida tutun aralashgan olovday murakkab bir iliqlik sezdi.
— Xizmatga kelgan boʻlsangiz xush koʻrdik, shahzoda, — dedi-yu, bolani qoʻlidan olib, oʻng yoniga oʻtqazdi.

Shu payt tashqaridan ellik yoshlardagi semiz haram bekasi ta’zim qilib kirdi:
— Podshoh hazratlari, Mohim begim olinasab egachingiz huzuriga kelishga ijozat soʻradilar!

Bobur Xonzoda begimga qarab sirli bir tarzda jilmaydi. Soʻng bekasiga buyurdi:
— Ayting, kelsinlar! Mirzo Humoyunni ham ola kelsinlar.

Boburning yosh xotini Mohim begim keksa Qosimbek oʻtirgan xonaga kirishdan iymanib kelolmayotganini hamma sezdi. Qosimbek va Muhammad Koʻkaldosh Boburdan ruxsat olib, sekin eshikdan chiqdilar.

Mehmonxona oldida odam koʻp. Margʻilonlik Xoʻja Kalonbek, uning ukasi Kichik Xoʻja, quvalik Tohir koʻrchi, toshkentlik Saidxon, samarqandlik Majid barlos, Yusuf Andijoniy degan bir navkar — hammalari vatanlarining daragini olib kelgan Xonzoda begimni koʻrmoqchi boʻlishar, ammo ichkariga kirishdan istihola qilib turishar edi. Qosimbek ularga:
— Avval haram ahli bilan koʻrishsinlar, keyin sizlarga ham ruxsat soʻrarmiz, — deb ularni tarqatib yubordi.

2

Shaftoli gulli ipak qabosi ingichka beliga, nazokatli qaddi-qomatiga juda yarashgan bir juvon shahzodalarcha yasantirilgan uch yashar bolani qoʻlidan yetaklab, eshikdan ohista kirib keldi. Bolachaning yuz-koʻzi Boburga oʻxshashini Xonzoda begim bir qarashdayoq sezdi-yu, tez oʻrnidan turdi. Mohim begim kelinlik nazokati bilan egilib ta’zim qildi. Xonzoda begim unga peshvoz chiqib, avval yelkasiga qoʻllarini qoʻyib koʻrishdi. Soʻng juvonning yuzidagi nafis oq pardani sekin koʻtarib qaradi-da, uning ajib bir latofatini yurakdan his qilib zavqi keldi. Kelinini peshonasidan, koʻzlaridan quvonib oʻpdi, soʻng shodlikdan balqigan yuzini Boburga oʻgirdi.
— Muborak boʻlsin! Bir-birlaringizga benihoya munosibsizlar! Baxtli boʻlinglar!

Kichkina Humoyun bir qoʻlchasi bilan onasining etagidan tutib pastdan yuqoriga maroq bilan qarab turardi. Xonzoda begim uni qoʻliga koʻtarib oldi. Bola ammasini birinchi marta koʻrayotgan boʻlsa ham, bu istarasi issiq ayolni koʻpdan beri biladigandek begonasi-ramas edi. Xonzoda begim bolaning loʻppi yuziga yuzini qoʻyib erkalatganda Humoyun buni yoqtirib kulimsiradi.

Xonzoda begim uni oʻzining oʻgʻilchasi oldiga koʻtarib olib bordi-da, yerga qoʻydi:
— Qani, kichkina togʻacha «katta» jiyancha bilan tanishsinlar-chi!

Uch yashar boburiyzoda bilan toʻqqiz yashar shayboniyzoda avval bir-birlariga jim tikilib turdilar. Keyin Humoyun Xurramshohning belidagi kichkina bezakdor xanjarchasiga qiziqib qoʻl choʻzdi. Xurramshoh uning qoʻlini olib koʻrishdi-yu, ammo xanjarini bergisi kelmay orqaga chekindi. Buni koʻrgan kattalar kulib yubordilar.

Xonzoda begimning boshidan kechgan barcha dahshatlar, Qunduz yoʻlida uning yuragini titratgan noma’lum xavfu xatarlar shu bir quvnoq kulgi bilan goʻyo uzoq oʻtmishga aylandi. Xonzoda begim iymanib tabassum qilayotgan kelinini bir yoniga oʻtqazdi. Ikkinchi yonida xushchaqchaq kulimsirab bolalarga qarayotgan Boburni koʻrdi. Yaqinginada oʻzlari ham mana shu togʻacha-jiyan kabi yosh bola boʻlgan paytlari esiga tushdi. Ogʻir ayriliq yillarida opa-uka ikkovlari ham farzandlik boʻlganlari, dushman xonadonlaridan chiqqan bu bolalar endi goʻdaklarcha bir ma’sumlik bilan tanishayotganlari qahraton qish ketidan kelgan bahordek behad yoqimli edi.

Xonzoda begim keliniga yana bir qarab oldi-da, keyin Boburga shoʻx nazar tashladi:
— Tole sizga endi kulib boqibdi, amirzodam! Oʻzingizga bunchalik munosib malikani qanday uchratdingiz! Mohim begim, qayerliksiz?
— Xurosonlik, hazrat begim.

Mohim begim Boburga: «Bogʻkoʻcha devoridan gul tashlaganimni aytib meni uyaltirib qoʻymang yana!» degandek iltimoskorona qarab oldi. Bobur uning bu qarashidagi ma’noni sezib, zavqli jilmaydi. Soʻng Mohim begimning Husayn Boyqaroga qarindoshligi borligini, otalari bundan toʻrt yil burun Badiuzzamon mirzo bilan chiqisholmay Gʻaznaga kelib qolishganini opasiga aytib berdi. Bobur Mohimning ota va ogʻalarini Gʻaznadan Kobulga taklif qilgan, keyin bu yerda Mohim bilan yana koʻrishib unga uylangan edi.
— Hirot bilan Murgʻob oraligʻida Hazrati Jom degan shahar bor, koʻrganmisiz? — soʻradi Bobur opasidan.
— Koʻrganmen! Ulugʻ shoir Ahmad Jomiyning nomlariga qoʻyilgan.
— Begimning ona avlodlari ana oʻshal Hazrat Jomiyga xesh ekanlar. Ustod Abdurahmon Jomiyga hamshahar ekanlar.

Bobur hazilomuz kulib qoʻshib qoʻydi:
— Begimning oʻzlari ham shunday shoirparvaru she’rshunoslarki, Jomiy bilan Navoiyning barcha gʻazallarini yod bilurlar. Ammo biz she’r yozsak, munaqqidlik[2] qilib, nuqsini koʻrsaturlar.

Mohim erining haziliga hazil bilan javob berdi:
— Munaqqid boʻlmay ilojim yoʻq, chunki hazratim mening ta’rifimda koʻp mubolagʻa qilurlar!

Xonzoda begim er-xotinning hazilkashligidan zavqlanib kuldi:
— Lekin ta’rifingizda qancha mubolagʻa qilsalar ham oz!
— Minnatdormen, hazrat begim! — Mohim endi hayajonli tovush bilan gapirdi: — Men sizning jasoratingizni, fidoyiligingizni hazratimdan eshitib, oʻzingizni koʻrish orzusida edim. Tangrimga shukr, bugun shu orzuyim roʻyobga chiqdi. Hazrat begim, men sizni af-sonaviy bir malika deb oʻylar edim. Biroq oʻzingizni koʻrdimu sizdagi mehrigiyo afsonaviy malikalarda ham boʻlmas, deb oʻyladim! Endi uyimizning peshgohi ham, koʻnglimizning toʻri ham sizniki!

Mohim begim bu gaplarni samimiy bir ixlos bilan aytganini sezgan Xonzoda begim:
— Bizga sizdek kelin bergan tangrimga shukr! — deb qoʻydi.

Xonzoda begim birdan Oyisha begimni esladi va uni Mohim begimga taqqoslab koʻrdi. «Bir hisobda, Boburjon avvalgi xotini bilan ajrashib ketgani ham yaxshi boʻlgan ekan», deb qoʻydi oʻzicha. Soʻng xon haramida oʻzining tortgan azoblarini eslab ketdi.

Bobur oʻttiz toʻrt yoshli Xonzoda begimning sochlariga bitta-yarimta oq oralab qolganini endi koʻrdi. Shu turishda opasi Boburga onasining endi beva qolgan oʻttiz yetti-oʻttiz sakkiz yasharli paytlarini eslatdi. Xonzoda begim ham endi beva edi. Bobur shuni oʻyladi-yu:
— Siz meni deb koʻp azob tortgansiz! — dedi. — Sizni eson-omon dargohimizga yetkazdirgan Shoh Ismoilning yaxshiligini hech vaqt unutmasmen!

Shoh Ismoil tilga olinishi bilan Xonzoda begimning chehrasi yana ochildi.
— Shohning Tojli xonim degan yoshgina, koʻhlikkina xotini bor ekan, — deb hikoya qila boshladi. — Shu juvon meni shohning huzuriga boshlab kirdi. «Shoh Ismoil sunniy mazhabidagilarni oʻldirib, terisiga somon tiqdirarmish» degan vahimali gaplarni koʻp eshitgan edim. «Bahaybat bir odam boʻlsa kerak», deb titrab-qaltirab bordim. Qarasam, yigirma toʻrt-yigirma besh yoshli xushsurat bir yigit taxtda oʻltiribdi. Soqol qoʻygan emas, faqat uzun, ingichka moʻylovi bor. Burgut burun. Koʻzlari katta-katta. Ozariy tilda gapirdi, soʻzlarining hammasiga tushundim. Shialarning imomlari Bibi Fotimaning avlodlari boʻlgan emasmi, shuning uchun ular ayol zotini juda hurmat qilar ekanlar. Men buni yoʻlda ham koʻp sezdim.
— Lekin oʻzimizda ham ilgari ayollarga ehtirom kuchli boʻlgan, — dedi Bobur.— Samarqandda Bibi Xonim nomli madrasa qurilgan, Tuman oqa maqbarasi bor. Hirotda Gavharshod begim madrasasi mashhur.
— Bilmadim, u zamonlarda ulugʻ ayollar koʻp boʻlganmi yoki ularning ilmu san’atga ishtiroklari katta boʻlganmi? — dedi Mohim begim eriga qarab. — Hozir nechukdir undoq emas-da, hazratim?
— Falakning gardishi ajib! — dedi Bobur. — Ayollarga munosabat hamisha ilmu san’-atga munosabat bilan rost kelur. Ilmu san’at barq urgan davrlarda ayollarning hurmati ham baland. Chunki ilmu san’at ayollarning ishtiroki bilangina astoydil yuksalgan. Ma’naviy inqiroz davrlarida olimlaru san’atkorlar nechogʻlik xor boʻlsa ayollar ham shunchalik kamsitilmishdir.
— Siz aytgan shu inqiroz hozir Movarounnahrni chirmab olgan, hazratim! — dedi Xonzoda begim. — Koʻchmanchi xonu sultonlar mamlakatning quruq gavdasini egallab olmishlar. Uning ruhi bilan ishlari yoʻq. Oʻlgan odamning arvohini ranjitish adolatdan emas. Shayboniyxon parokanda boʻlib yotgan oʻlkalarni birlashtirdi. Samarqandda oʻz nomiga madrasa qurdirdi. Koʻhak[3] daryosining ustiga koʻprik qurdirdi. Savob ishlari shu boʻldi. Lekin olimlaru san’atkorlarga muomalasi qandoq durusht boʻlsa, ayollarga ham shundoq edi. Te-muriylar ayollarning nomiga madrasayu maqbaralar qurdirganini aytsangiz, gʻazabi kelur edi. Uningcha, Ulugʻbek ilmu san’atga berilib, dinu imonni unutgan emish, ayollarni taltaytirib, xalqning axloqini buzgan emish. Xon yozdirgan «Shayboniynoma», «Nusratnoma» degan kitoblarning birontasida birorta ayolning nomi tilga olingan emas. Shahzodayu sultonlarning onalari yoki xotinlari haqida soʻzlash zarur boʻlib qolsa, «falonchining qizi», «falonchining xotini» deb, faqat otasi yoki erining nomini yozurlar. Chunki ayollarning nomini nomahramlar tilga olsalar gunoh boʻlur emish! Hali bu— madrasa koʻrgan ilmlik xonning davrida boʻlgan ishlar.

Hozir tirik qolganlarida shu ilm ham yoʻq. Faqat dagʻal bir kuchu bid’atu xurofot. Ilmu san’at ahli sultonlar zulmidan qochib, biri Xurosonga, biri Istambulga ketdi, biri Kobulga keldi. Endi butun umidimiz sizdan, Boburjon! Siz Movarounnahrning ulugʻ ruhini tiklarsiz, ilmu ma’rifat quyoshini yurtimizga qaytarib olib borursiz deb, yoʻlingizga koʻz tikkanlar koʻp!

Bobur opasining aytganlari quruq gap emasligini bilardi. Shayboniyxon oʻlgandan keyin Samarqanddan, Buxorodan, Toshkentdan Boburga maxfiy xatlar va choparlar kelgan edi. Koʻchmanchi sultonlar zulmidan bezgan odamlar Boburni tezroq yurtiga qaytishga chor-lar edilar.
— Oʻtgan hafta Andijondan xushxabar keldi, — dedi Bobur opasiga mamnun koʻz tashlab.— Fargʻona vodiysidagi barcha xayrixohlarimiz koʻchmanchi sultonlarni quvib yuboribdir. Menga kitobot keldiki, «Qorategin orqali Andijonga tezroq yetib keling, ota yurtingiz sizga muntazir!»

Xonzoda begim quvonch bilan:
— Tangrimga ming qatla shukr! — dedi.
— Hazratim bizni Kobuldan Qunduzga olib kelganlarining boyisi ham shuki, — dedi Mohim begim ovozini pasaytirib, — tezroq vatanlariga qaytmoqchilar!
— Andijongami? — shivirladi Xonzoda begim inisiga.

Bobur oʻychan kulimsirab bosh chayqadi — u Andijonga ishonchli bir kishisini yubormoqchi, oʻzi esa Hisor orqali Samarqandga yurish qilmoqchi edi. Lekin Bobur oʻzining bu niyatini tarix sahnasida paydo boʻlgan yangi bir kuch — Shoh Ismoil bilan kelishmasdan amalga oshirolmasligini sezib turardi. Chunki Shoh Ismoil koʻchmanchi sultonlarga qarshi kurashni davom ettirish va ularni Movarounnahrdan quvib chiqarish uchun Bobur bilan ittifoq tuzmoqchi edi. Bugun Xonzoda begim bilan kelgan elchining qanday niyati borligini Bobur taxminan bilar edi.

Basharti, u Shoh Ismoil taklif qilayotgan ittifoqni rad etib, Andijonga yoki Samarqandga oʻzicha yurish qilsa, shoh undan aynib, shayboniyzodalar bilan ittifoq tuzishi mumkin edi. Shayboniyxonning oʻgʻli Temur Sulton shohga elchilar va sovgʻalar yuborib, muzokara olib borganidan Bobur xabardor edi. Bu ikki zoʻr kuchga Bobur yolgʻiz bas kelolmasligi esa oʻz-oʻzidan ayon edi...

U ayollarga bu murakkab muammolarni aytib oʻltirmadiyu, Shoh Ismoilning shoirligidan gap ochdi.
— Mirzoxon menga shohning she’rlaridan keltirib koʻrsatdi, — dedi opasiga. — Ta’bi nazmi baland, ozarboyjon turkiysida juda chiroyli gʻazallar bitibdir. Yana kamtarlik bilan «Xatoiy» degan taxallus tanlabdir.
— Katta shoirligi rost, — dedi Xonzoda begim. — Gʻazallarini odamlar qoʻshiq qilib aytganlarini eshitdim. Shoh meni qabul qilganda «Bobur podshohning shohligini ham, shoirligini ham ehtirom edyurmiz» dedi. Keyin hazratimning Hirotda kuyga solingan gʻazallaridan bir baytini yod aytib, «Choʻx yaxshi!» deb qoʻydi.

Bobur shohning bu maqtovidan koʻngli iyib, uyalin-qirab:
— Qaysi gʻazal ekan? — dedi.

Xonzoda begim barmoqlarini lablariga qoʻyib gʻazalni soʻzma-soʻz eslashga tirishar ekan, Mohim begim unga koʻmaklasha boshladi:
— «Mening koʻnglimki, gulning gʻunchasidek tahbatah qondir» deb boshlanurmi?
— Ha, ha, xuddi shu! — deb Xonzoda begim ikkinchi satrini oʻzi aytdi: — «Agar yuz ming bahor oʻlsa ochilmogʻi no imkondir».
— Shohga bu matla’ning yoqqani bejiz boʻlmasa kerak, — dedi Bobur. — U ham bizga oʻxshab, otasidan yosh qolib, quvgʻinlarga uchrab, koʻp kulfat chekkan ekan. Menga uning tarixini Mirzoxon aytib berdi. Endi Shoh Ismoil dunyoda adolat oʻrnatmoqchi emish.
— Shoh menga ham shuni aytdi, — dedi Xonzoda begim. — «Adolatni sunniylar oʻn ikki imom bilan birga oʻldirmishlar», dedi. Lekin oʻn ikkinchi imom— Hazrati Madhi oʻlgan emas emishlar, hozir osmondan yerga tushib, sunniylarning jazosini berar emishlar. Shuning uchun shialar shohni «sohibi zamon» deb ulugʻlar emishlar.

Bobur bu yasama e’tiqodlardan gʻashi kelib, bosh chayqadi-yu:
— Taajjub! — deb qoʻydi. — Marhum Shayboniyxon oʻzini «Xalifai rahmon, imomi zamon» deb yurib, oxiri nima boʻldi? Dinni siyosatga aylantirish ne hojat?
— Lekin shialar bilan sunniylarning adovati aslida hokimiyat talashishdan kelib chiqqan emasmi, hazratim?— dedi Mohim.

Islom tarixini yaxshi biladigan Bobur sunniylar bilan shialarning qonli kurashlarini xayolidan oʻtkaza boshladi.

Bu kurash Bobur yashagan davrdan salkam toʻqqiz yuz yil avval — Muhammad paygʻambarning oʻlimi bilan boshlangan edi. Muhammad paygʻambar tuzgan davlatni kim boshqarishi kerak? Kim uning davomchisi — xalifi boʻlishi kerak?

Eng yaqin qarindoshni voris qilish tarafdori boʻlganlar Alini birinchi xalif qilib koʻtarmoqchi edilar. Chunki Ali paygʻambarning amakivachchasi edi va uning yagona farzandi Bibi Fotimaga uylangan edi. Ammo Ali choryorlar orasida eng yoshi edi. Qabila udumi, ya’ni sunnaga binoan eng yoshi ulugʻ va obroʻsi baland oʻtagʻasi musulmon olamiga bosh boʻlishi kerak edi. Shu sababli keksa Abubakirni birinchi xalif qilib koʻtardilar. Shu bilan birga Ali ham paygʻambarning toʻrtta eng yaqin salaflaridan — choryorlaridan biri deb tan olindi, faqat yoshiga qarab uni Abubakir, Umar va Usmondan keyingi toʻrtinchi oʻringa qoʻydilar.

Dushmanlari avval Umarni, keyin Usmonni suiqasd bilan oʻldiradilar. Nihoyat Ali xalif boʻladi. Ammo oradan besh yil oʻtar-oʻtmas dushman taraf qasdma-qasdiga Alini ham oʻldirdi.

Ali tarafdorlari uning oʻrniga oʻgʻillari — Bibi Fotimadan tugʻilgan Hasan va Husanni musulmon olamining boshligʻi deb e’lon qildilar. Ammo Imom Hasan kasallanib oʻldi. Imom Husan Karbalo dashtida sunniylar bilan qilingan jangda halok boʻldi. Shundan keyin xalifalik yana sunniylar qoʻliga oʻtdi-yu, Alining avlodiga mansub boʻlgan barcha imomlar birin-ketin oʻldirilaverdi. Faqat oʻn ikkinchi Imom Muhammad yoshligida sirli bir tarzda yoʻqoldi, uning oʻlik-tirigi topilmadi. Muxoliflari uni oʻgʻirlab ketib oʻldirganlari taxmin qilinsa ham, uning tarafdorlari xalq orasida «Imom Muhammad osmonga chiqib ketgan, bir kun Imom Madhi nomi bilan qaytib tushib, dunyoda adolat oʻrnatadi» degan bir diniy e’tiqodni tarqatdilar. Adolatsizlikdan azob tortib yurgan juda koʻp sodda odamlar bu gapga ishonadilar. Shialar musulmon olamidagi barcha baxtsizliklarga Alidan oldingi uch xalifani va ularning keyingi avlodlarini sababchi qilib koʻrsatdilar.

Sunniylar uzoq vaqt davlat tepasida turgan va musulmon dinini juda koʻp mamlakatlarga tarqatgan hokim kuch boʻlganliklari uchun ularning zulmlaridan norozi boʻlgan koʻpgina olimlar, san’atkorlar, dehqonlar, kosiblar va boshqa turli tabaqa vakillari ham shialar tomoniga oʻtdilar. Qadimiy madaniyat markazi boʻlgan Eron va Ozarboyjonda shialarning sunniylarga qarshi kurashi tobora oʻsib bordi. Shoh Ismoil shialarning mana shu kurashidan foydalanib, davlat tepasiga keldi, tarixda birinchi marta shia mazhabini katta bir davlatning diniga aylantirdi va sunniylarga qarshi gʻazavot e’lon qildi.
— Rost, shia-sunniy adovati qanday xunrezliklarga sabab boʻlganini men Hirotda koʻrib dahshatga keldim!— dedi Xonzoda begim va bir voqeani hikoya qilib berdi.

Marvdan keyin Hirot qizilboshlar qoʻliga oʻtgach, bu yerda Shayboniyxon davrida qatagʻon qilingan shialar qasoskorona bosh koʻtardilar. Ular Hirotda Shayboniyxonning barcha ishlariga fatvo bergan sakson yoshli shayxulislom Taftazanini shialarga tutib berdilar. Shialar cholni koʻchaga — xaloyiq orasiga sudrab olib chiqdilar va darhol sunniy mazhabidan shia mazhabiga oʻtishni buyurdilar. Taftazani bunga koʻnmadi. Shundan keyin shialar uni koʻchadagi bir daraxtga osib oʻldirdilar va jasadini daraxt bilan birga yoqib yubordilar.

Buni koʻrgan xolis odamlar shia-sunniy dushmanligidan bezor boʻlib, Abdurahmon Jomiy tirikligida yozib ketgan oʻtkir ruboiyni bir-birlariga shivirlab aytadilar: Ey mugʻbachai dahr, bideh jomi mayam,
Ki omad zi nizoyi sunni-yu, shia qayam.
Goʻyandki, Jomiyo, chi mazhab dori?
Sad shukrki, sagi sunni-yu, xari shianayam![4]
Bu ruboiyning soʻzlari ogʻizdan-ogʻizga oʻtib, shialarning qulogʻiga ham yetib boradi. Ayniqsa «shianing eshagi» degan ibora ularning jonini chiqaradi. Qizilboshlar bid’atga berilgan hirotlik shialar va yosh bezorilar toʻdasini Abdurahmon Jomiyning maqbarasiga boshlab boradilar. Qabr ustiga qoʻyilgan marmar toshni koʻchirib tashlaydilar. Toshga oʻyilgan «Jomiy» soʻzidagi arabcha «   »ning nuqtasini oʻchirib «   » tarzida harfning yuqorisiga qoʻyadilar. Natijada ulugʻ shoirning nomi «Xomiy» deb oʻqiladigan boʻladi. Johillar bu bilan ham qanoat qilmaydilar. Jomiy maqbarasiga Navoiy oʻrnattirgan zarrin oʻymakorlik goʻzal eshikni sindirib, maqbara bilan birga yondirib yuboradilar.

Bu voqeani opasidan eshitgan Bobur gʻazab aralash hayrat bilan soʻradi:
— Nahotki Shoh Ismoil shunday jaholatga yoʻl bergan boʻlsa?
— Mening bilishimcha, bu ishdan shoh bexabar qolgan. Hirotdagi mudhish ishlarga shohning Xuroson boʻyicha noibi Najmi soniy boshchilik qilgan.
— Ne boʻlganda ham hazrati Jomiy ming marta haqlar: shia-sunniy nizolari koʻngilni ozdiradigan darajada xunuk!.. Hayhot, dunyoning ishlari hamisha chigal! Tugʻishganlardan-ku, doʻst-yor topolmadim. Endi taqdir menga Shoh Ismoildek bir mard, tanti, fozil doʻst berdi, deb suyunsam, buning ham ishkal ishlari bor ekan.

Mohim begim Boburning koʻngliga choʻkkan gʻuborni tarqatgisi kelib, kulimsirab gapirdi:
— Gul tikansiz boʻlmas ekan-da, hazratim!

Bobur xotinining jilmaygan yuziga tikilib qaradi-yu, oʻzining ham chehrasi ochila boshladi. Shuncha ayriliqlardan keyin sevimli opasi bilan yana uchrashgani, bu quvonchga Shoh Ismoil tufayli muyassar boʻlgani takror esiga tushdi. Qunduzda shayboniyzodalardan ixlosi qaytgan yigirma ming kishilik qoʻshin moʻgʻul beklari boshchiligida Bobur huzuriga kelgani va uning xizmatiga oʻtgani yana yodiga tushdi-yu, koʻnglini yayratib oʻtdi.

Bobur koʻzini Mohim begimdan olib opasiga qaradi:
— Endi hech bir gulning tikanidan qoʻrqmasmiz! Maqol borki, guli uchun tikani ham noiloj sugʻorilur... Shoh Ismoil shunchalik odamgarchilik qilibdi! Mayli!

Bobur oʻrnidan turdi. U shohdan kelgan elchi bilan uchrashishi kerak edi. Mohim uni eshik oldigacha kuzatib bordi. Bobur eshikdan chiqayotib, Xonzoda begimni qayerga joylashtirish va qanday e’zozlash haqida xotiniga koʻp gapirib oʻtirmadi-yu:
— Egachimni onam oʻrnida koʻrgaysiz! — dedi. Shu bir ogʻiz gapdan hamma narsani anglagan Mohim ham:
— Jonim bilan! — deb qoʻlini koʻksiga qoʻydi. — Sizdan ham bir iltimos, hazratim.
— Xoʻsh!
— Biz tikan deb oʻylagan narsalar ogʻuli tigʻlar boʻlib chiqmasin. Ehtiyot boʻling!

Bobur xotinining hamma narsaga fahmi yetadigan ziyrak bir doʻst ekanini hozir yana bir marta sezdi-yu, unga mehri toblanib:
— Xotirjam boʻling! — dedi.

Soʻng qalbi uchrashuv quvonchiga, mehribon ayollar nafosatiga va ma’sum bolalar zavqiga toʻlib, qoʻrgʻon hovlisiga chiqdi.

Devonxonaga yaqinlashganda elchilar bilan boʻladigan muomalani koʻz oldiga keltirdi-yu: «Molu dunyoni ayamaslik kerak» degan niyatni koʻngliga tugdi.

3

Boburning buyrugʻi bilan Vali xazinachi bisotida bor eng qimmatbaho duru gavharlardan, Badaxshon la’lilariyu oltin bezakli kiyimlardan, kamyob tigʻlar va buyumlardan shohga alohida, uning elchisiga alohida in’omlar hozirladi. Saroy bovurchilari, bakovul va yasovullar ikki kechayu ikki kunduz yugurib-yelib, Qunduzda hali misli koʻrilmagan shohona ziyofat va bazmga hozirlik koʻrdilar. Ulkan ziyofat uchun hisoriy qoʻylarning oʻzidan yetmish-saksontasi soʻyildi. Togʻlardan, oʻrmon va daryolardan ovlab kelingan gʻozlar, kakliklar, ohular soni bundan koʻproq edi.

Shoh Ismoilning mehmondorchiliklarini koʻp koʻrgan odamlardan biri — Boburning amakivachchasi Mirzoxon edi. U Boburga bir necha marta:
— Shoh elchilari chogʻirsiz ziyofatni ziyofat oʻrnida koʻrmaslar,— deb aytdi.

Boburning eshik ogʻasi Qosimbek esa ichkilikni juda yomon koʻrardi. Boburning oʻzi ham hali beklari bilan biror marta ichkilik bazmi oʻtkazgan emas, faqat Kobulda Mohimga uylangandan keyin xushboʻy chogʻirlardan bir-ikki marta tatib koʻrgan edi.

Hozir uning koʻnglida koʻpirib turgan quvonch bilan birga Shoh Ismoilga va shialar bilan sunniylarning dushman munosabatlariga borib taqaladigan qandaydir gʻashlik, chigallik bor edi. Bu gʻashlikni bugun faqat may bilan tarqatish mumkinga oʻxshardi. Bundan tashqari, mehmonlarning koʻngli uchun ham Boburning ichishi zarur edi.

Uning amri bilan Qunduzdan topish mumkin boʻlgan eng toza chogʻirlar, eng oʻtkir maylar toptirib keltirildi.

Gulgun parchadan zar yoqali abo kiygan oʻspirin soqiylar oltin koʻzalardan oltin-kumush surohiylarga may quyib, avval Boburga, soʻng uning yonida oʻtirgan shoh elchisi Muhammadjon eshik ogʻasiga, elchidan nariga choʻkkalagan Mirzoxonga navbatma-navbat uzatdilar.

Ziyofatda Bobur tomonidan yuzdan ortiq a’yonlar, beklar va mulozimlar qatnashmoqda edilar. Avvalgi ziyofatlarda Boburdan va Qosimbekdan yashirib may ichadigan koʻpchilik beklar endi chogʻir toʻla qadahlarini qoʻllarida bemalol tutgan holda bir-birlari bilan shoʻx-shoʻx koʻz urishtirishar, quvnoq iljayishar va podshohning ishorasini kutishar edi. Poygahda kichik beklar orasida oʻtirgan Tohir ham qoʻlidagi may toʻla kumush qadahga jonli bir narsaga qaraganday ehtiyot bilan qarab qoʻyardi.

Mirzoxon yonidagi elchiga shivirlab izoh berdi;
— Oliy mehmon, siz gʻaroyib bir hodisaning guvohidirsiz. Bobur podshoh saroyida bugun birinchi marta chogʻir majlisi!.. E’tibor bering: majlisda favqulodda bir hayajon hukmron!

Boshiga qizil jigʻalik katta salla oʻragan, soqoli xina bilan boʻyab qizartirilgan burgutburun elchi Boburga maroq bilan tikildi.

Bobur qoʻlidagi qadahni uchib ketishi yoki choʻqib olishi mumkin boʻlgan notanish bir qush kabi avaylab ushlab turardi. Odamlar uning soʻzini kutayotganlarini sezib, ovozi tovlanib gapira boshladi:
— Oliy zotlar davrasida shodiyona kunlarda uzum suvidan halolu pokiza qilib tayyorlangan chogʻir ichmoq ota-bobolarimizdan qolgan odatdir. Hayotimizda shodlikdan koʻra gʻamu gʻurbat koʻproq edi, shuning uchun hanuzgacha chogʻir majlisiga mayl koʻrsatmadik.

Hirotda Badiuzzamon mirzo bilan Muzaffar mirzodek tojdor xeshlarimiz biz uchun orasta bazmlar berib, chogʻir taklif qilganlari majlis ahliga ma’lum boʻlsa kerak. Oʻshanda ham biz uzrlar aytib, chogʻirdan oʻzimizni tortgan edik, chunki u mahallarda may ichib xursandchilik qilgʻudek shodmon emas edik. Tangrim bizni shod-xurram kunlarga mana endi yetkazdi. Biz bu mas’ud kunlarga Shoh Ismoil hazratlarining sharofatlari bilan yetishdik. Bugungi shod-xurramlikni bizga oliy mehmonimiz Muhammadjon eshik ogʻasi janoblari keltirdilar! Shuning uchun bizning birinchi chogʻir majlisimiz Shoh Ismoil hazratlariga cheksiz ishonch va ehtiromlarimizdan kichik bir nishona boʻlgʻay! Birinchi qadahimiz esa shohning moʻ’tabar elchisi Muhammadjon eshik ogʻasi janoblariga yuksak hurmatimizning isboti boʻlgʻay!

Bu soʻzlardan koʻngli iyib, chuqur koʻzlari olovlanib ketgan elchi oʻrnidan turib, Boburga egilib ta’zim qildi. Soʻng joyiga oʻtirib, qoʻlidagi chogʻirni oxirigacha sipqardi.

Pastda oʻtirgan sozandalar «Sarvi navo» kuyini chala boshladilar. Dasturxonga kiyik va kaklik kaboblari tortildi. Eng mazali taomlar orasida yana ikki-uch qayta may ichildi. Odamlar endi oʻzlarini boyagidan xiyla erkin seza boshladilar. Qahqaha, oʻyin-kulgi avjiga chiqdi. Quvnoq, shoʻx kuylar ketidan yana alyorlar aytildi. Nihoyat, soʻz navbati shoh elchisiga keldi. Shunda Muhammadjon eshik ogʻasi yonidagi mulozimga nimadir deb shivirladi. Mulozim bosh irgʻab, yon eshikdan chiqib ketdi-yu, navbatdagi quvnoq kuy tugagan paytda ustiga bir necha qavat oq ipak yopilgan qandaydir sovgʻani oltin barkashga solib koʻtarib kirdi.

Muhammadjon eshik ogʻasi Shoh Ismoilning Boburga berib yuborgan maktubini va oltin-kumush in’omlarini kunduz topshirgan edi. «Endi bu yana nima ekan?» deb hamma oʻtirganlar oltin barkashga tikilib qoldi. Umumiy jimlikda qizilbosh bek barkashdagi sovgʻa bilan Boburning qarshisiga ta’zim qilib keldi. Boburga yaqin oʻtirgan Muhammadjon eshik ogʻasi oʻrnidan turib gap boshladi:
— Sulton Zahiriddin Muhammad Bobur bahodir hazratlarining sohibi zamon Shoh Ismoil hazratlari ya choʻx yuksak, choʻx semimiy hurmatlari varligʻina alhol bizim ishonchimiz kamil oʻldi. Shu sebebli Shoh Ismoil hazratlari yubormish muqaddas in’omni Bobur podshoh hazratlariya topshirmogʻa ijoza vergaysiz!

Elchi oltin barkashdagi sovgʻaning ustidan ipak pardani oldi. Bobur yoqut va dur bilan bezalgan nafis oq ipak sallani koʻrdi. Sallaning tepasiga oʻn ikki imomning qonini eslatuvchi qizil jigʻa suqib qoʻyilgan edi. Salla ancha katta — Bobur oʻramlarning soni ham shahid boʻlgan imomlar kabi oʻn ikkita ekanini taxmin qilib bildi. Shialarning e’tiqodiga binoan, bu oʻramlarning har biri — bir imomning ruhi uchun muqaddas makon edi.

Ichgan chogʻirdan yuzi qizarib, koʻzlari yaltillab turgan Bobur oʻzining a’yonlari orasida shivir-shivir boshlanganini payqadi-yu, kulimsirab Qosimbek tomonga qaradi. Ammo Qosimbek va undan narida oʻtirgan Xoʻja Xalifa nomli shayxulislom oltin barkashdagi dastorga jirkanib va hatto qoʻrqib qaramoqda edilar.

Chunki Boburning oʻzi ham, Qosimbek ham, ziyofatda oʻltirgan boshqa sunniy a’yonlar, mulozimlar ham choryorlarning hurmati uchun boshlariga toʻrt oʻram qilingan salla oʻrar edilar. Kichikligidan ollohu taologa, paygʻambar va choryorlarga cheksiz ishonch va e’tiqod ruhida tarbiyalangan odamlar boshlaridagi sallalarining toʻrt oʻramida toʻrt choryorning ruhi yashaydi, deb ishonar edilar. Shialar shu choryorlarning uchtasini tan olmay haqorat qilishar, ularning oʻn ikki oʻramlik sallalari esa Abubakir, Umar va Usmonlarning avlodlariga qarshi kurashgan shia imomlarini ulugʻlar edi.

Shialikni muqaddas choryorlardan yuz oʻgirish, dindan chiqib, rofiziy boʻlish, deb oʻrgangan keksa Qosimbekka oltin barkashdagi sallaning mayin yiltirgan ipagi — ilon terisining yiltirashidek koʻrindi. Qosimbekning nazarida sallaga qadalgan yoqutlarning choʻgʻday yonishi zaharli ilonning qizgʻish koʻzlari qonga toʻlib yonishiga oʻxshardi.

Muhammadjon eshik ogʻasi Boburga yana bir marta ta’zim qildi-yu, Shoh Ismoil shaxsan berib yuborgan shu muqaddas dastorni qoʻliga olib boshiga kiyishini undan iltimos qila boshladi.

Oʻnlab koʻzlar Boburga «Ne qilarkin?» deb tikildi. Qosimbek Xoʻja Xalifaga tahlika bilan shivirlab:
— Makru hiyla bilan hazratimni shia mazhabiga oʻtkazmoqchilarmi? — degani Boburning qulogʻiga chalindi.

Bobur agar shu dastorni boshiga qoʻysa shia mazhabiga oʻtganday koʻrinishi mumkinligini endi payqadi. U ichgan chogʻiridan durustgina kayf qilgan edi. Hozir vaziyat unga Qosimbek qoʻrqqanchalik vahimali tuyulmas edi. Choryorlar, oʻn ikki imom ham Bobur uchun bundan toʻqqiz asr burun oʻtgan tarixiy shaxslar edi. Uzoq oʻtmishga aylangan qonli dushmanlikni bugun davom ettirish kimga kerak?

Qizilbosh bek hamon Boburning qarshisida tiz choʻkib, oltin barkashdagi sallani unga tutib turibdi. Shoh elchisi unga iltimoskorona ta’zim qilyapti. Ular orqali Shoh Ismoil goʻyo Boburga hamkorona qoʻl choʻzyapti. Bobur bu qoʻlni qaytarsa, shoh bilan orani uzishi kerak boʻladi. Keyin shayboniyzodalar shoh bilan ittifoq tuzishadi-yu, Boburning vatanga qaytadigan yoʻllarini yana bekitishadi. Bobur esa hozir butun vujudi bilan vataniga qaytishni istaydi. Bu istagi yoʻlida togʻ kelsa kemirib, suv kelsa simirib oʻtmoqchi boʻladi.

Bobur elchiga muloyim koʻz tashlab:
— Shoh Ismoil hazratlarining in’omlari biz uchun behad aziz, — dedi va barkashdagi sallaga qoʻl choʻzmoqchi boʻldi.

Shunda Qosimbek ogʻzini uning qulogʻiga yaqinlashtirib, xavotir bilan shivirladi:
— Hazratim, zinhor boshingizga kiymang! Zinhor!

Bu soʻzlar elchiga ham eshitildi va uni ranjitgani avzoyi oʻzgarib ketganidan sezildi.

Suv quyganday jimjitlikda Bobur Muhammadjon eshik ogʻasiga mayin kulimsirab qaradi:
— Oliy mehmonimiz imomiya[5] mazhabidanlar, shundaymi?

Elchi tasdiq ma’nosida bosh irgʻadi. Bobur yana oʻshanday muloyimlik bilan soʻzida davom etdi:
— Imomiyalar ham Muhammad alayhissalomning ummatlarimi?
— Alhamdulillo! — deb elchi darhol kalima keltirdi.

Shundan keyin Bobur Qosimbek tomonga oʻgirildi.
— Siz ham Muhammad ummatimisiz, janobi amirul umaro?

Qosimbek ham kalima keltirdi-yu, oxirida:
— Hazratim, sizni iloho chohoryori bosafolar qoʻllab-quvvatlasinlar! — deb qoʻshib qoʻydi.

Choryorlar tilga olinishi bilan elchining rangi oʻchib labi asabiy pirpiradi.
— Janob Muhammadjon eshik ogʻasi! — dedi Bobur tez.
— Qur’oni sharifda aytilganki, «qulli muslimina ixvatun». Ya’ni, barcha musulmonlar ogʻa-inilardir. Biz hammamiz bir dindamiz. Demak, hammamiz ogʻa-inilardek yaqin boʻlmogʻimiz kerak. Biz sizning musulmonlik e’tiqodlaringizni hurmat qilganimiz kabi, siz ham bizning, — deb Bobur ikki qoʻlini yoyib, barcha bek va mulozimlarini koʻrsatdi, — musulmonlik e’tiqodlarimizni hurmat qilursiz, deb ishonamiz!

Elchi endi bir oz yumshab, ustma-ust bosh irgʻadi:
— Ushbu muqaddas armugʻon ham bizni sizlara buyuk ehtiromimiz alomatidir!

Bobur endi Qosimbekka yuzlandi:
— Hazrati Alini sizu biz hamisha boshimiz ustida olib yuribmiz, shundoqmi?

Qosimbek — sallasidagi toʻrt oʻramning biri — Hazrati Alining ruhiga makon ekanini oʻylab, qoʻlini koʻksiga qoʻydi:
— Shundoq, hazratim.
— Muhammad alayhissalomning yagona farzandlari boʻlgan Bibi Fotima biz uchun ham muqaddas volidadirlar, shundoqmi?
— Shundoq, hazratim.
— Shundoq boʻlsa, Hazrati Ali bilan Bibi Fotimaning aziz avlodlari boʻlgan imomlarni biz ham e’zozlasak musulmonlikka toʻgʻri kelurmi, yoʻqmi?

Boya Boburga jon kuydirib haligi gapni uning qulogʻiga shivirlagan Qosimbek podshoni niyatidan qaytarolmasligini, shohning bu maxsus sovgʻasini Bobur qabul qilmay iloji yoʻqligini endi sezdi. U koʻpchilikning oldida Boburga tan berganday boʻlib, aslida uni yoqlagisi kelib bosh egdi:
— Podshoh hazratlari, siz haqsiz, qulingizni gus-toxligim uchun avf eting!

Bobur Qosimbekka mamnun koʻz tashlab:
— Ma’zursiz, — dedi. Soʻng dastor solingan ogʻir barkashni tutib turaverib qoʻllari tolib ketgan qizilbosh bek tomonga oʻgirildi. Bobur dastorni dadil bir harakat bilan ikki qoʻllab barkashdan olganda uning oʻnlab bek va mulozimlari vahima bilan: «o!» deb yuborishdi. Bobur dastorni qoʻlida tutgan holda:
— Shoh Ismoil hazratlari oʻzi muborak iliklari bilan yuborgan bu armugʻonni biz koʻzga surgaymiz! — dedi-yu, dastorni koʻzi aralash peshonasiga tekkizib oldi.

Muhammadjon eshik ogʻasining yuzi quvonchdan balqib ketdi:
— Mutashakkiram, podshoh hazratlari, mutashakkiram!

Lekin Boburning bek va mulozimlari orasida, xususan, yaqinda unga kelib qoʻshilgan moʻgʻul beklari orasida hayrat, qoʻrquv va koyinish ohanglariga toʻla bir shovur-shuvur eshitildi.

Bu gʻovurdan Qosimbekning rangi oqarib ketdi. Muhammadjon eshik ogʻasi esa Boburni shia mazhabiga oʻtkazib, katta gʻalabaga erishganday shodlanib gapirdi:
— Podshoh hazratlari, biz umid edyurmizki, siz shoh hazratlarining buyuk madadlari ila yana Samarqand taxtiya chiqqaningizda aziz boshingizda shu muqaddas dastorni koʻrishga muyassar oʻlurmiz!
— Tangri bizni siz aytgan baxtiyor kunga yetkizsa, bu dastorni toj oʻrnida kiyurmiz. Shoh Ismoil hazratlariga shu ahdimizni borib aytgaysiz!

Bu gaplardan soʻng moʻgʻul beklari orasidagi asabiy shovur-shovur yana kuchaydi. Shoh elchisi esa Boburning dadil odam ekaniga, Shoh Ismoil bilan mustahkam ittifoq tuzish uchun sunniyparast beklarining har qanday qarshiliklarini yengib oʻtishi mumkinligiga endi ishondi.

Mana shu ishonch Boburning shoh elchisi bilan ertasi kuni olib borgan muzokaralarini ancha yengillashtirdi.

Shoh Ismoilning Bobur bilan ittifoq tuzishdan maqsadi — Movarounnahrga u bilan birga qoʻshin tortib borish va shayboniyzodalarni birga tor-mor qilish edi. Bobur shayboniyzodalar ustidan gʻalaba qilishni nechoqlik istamasin, Movarounnahrga oʻz qoʻshini bilan mustaqil kirib borishni istardi. Chunki agar u asosiy gʻalabani oʻzi mustaqil qoʻlga kiritmasa, vataniga obroʻ bilan qaytolmasligini, yovlari uni «Shoh Ismoilning nayzasiga minib kirib keldi!» deb malomat qilishlarini sezib turardi.

Bobur Shoh Ismoilning Marvda erishgan gʻalabasi yetarli ekanini, endi ular dam olishlari kerakligini, shayboniyzodalarni Hisordan, soʻngra Samarqanddan quvib chiqarishni endi Bobur zimmasiga olishi kerakligini elchiga qayta-qayta aytib koʻrdi. Lekin Shoh Ismoil ham Samarqandga intilmoqda edi, agar uning bu intilishi amalga oshmasa Bobur bilan ittifoq tuzishning qizigʻi qolmas edi. Elchining gapidan buni sezgan Bobur muzokarani boshqa yoʻnalishga burdi.

Shoh Ismoilning askarlari togʻ yoʻllarida qiynalib, minglab chaqirim ortiqcha yoʻl yurib, Qunduz va Hisorga kelib yurishi ne kerak? Shoh qoʻshini karvon yoʻli bilan Termiz va Boysun orqali Samarqandga qarab otlansin. Bobur esa hozir Hisorga yaqin turibdi. Bir hamla bilan Hisorni koʻchmanchi sultonlar qoʻlidan tortib olishga kuchi yetadi. Keyin u Samarqandga janub tomonidan yoʻl ochadi va Shoh Ismoilning qoʻshini bilan Shahrisabz — Qarshi atroflarida uchrashadi.

Mantiqan asosli boʻlgan bu fikrga shoh elchisi e’tiroz qilolmadi-yu, Boburning taklifini qabul qildi.

Bobur elchi bilan tuzgan bu bitimni Shoh Ismoilning tasdigʻidan oʻtkazish uchun Mirzoxonni Tabrizga vakil qilib yubordi-yu, oʻzi Hindikush togʻining shimoli-gʻarbiy etaklariga toʻplangan qoʻshinlarini jangga tayyorlay boshladi.

Bahor oxirlab qolgan kunlarning birida Bobur Qosimbek bilan adir yoʻlidan moʻgʻul beklarining qarorgohlariga otliq ketmoqda edilar. Shunda Qosimbek Boburni yoʻldan chetroqqa boshlab chiqib, bir shumxabarni aytdi.

Shoh Ismoil yuborgan shia dastorini Bobur koʻziga surib elchiga quyuq va’dalar berganidan moʻgʻul beklari qattiq ranjigan emishlar, uni «choryorlardan voz kechib, imomiya mazhabiga oʻtdi», deb fitna uyushtirgan emishlar. Bundan besh-toʻrt yil burun Kobulda Egu Salim, Sherquli degan moʻgʻul beklari Boburga suiqasd qilmoqchi boʻlgan paytlarida qoʻlga tushgan, Bobur ularni yaqin tarafdorlari bilan qatl ettirgan edi. Shayboniyzodalardan aynib, yaqinda Boburga kelib qoʻshilgan moʻgʻul beklarining orasida oʻsha oʻldirilganlarning urugʻdoshlari bor boʻlib, ular kek saqlab yurgan ekanlar. Endi shu beklar yashirincha til biriktirib, Boburni Qunduzda oʻldirmoqchi yoki Kobulga quvib yubormoqchi emishlar. Uning oʻrniga Boburning qoʻlida oʻsgan togʻavachchasi, marhum Olachaxonning oʻn yetti yashar oʻgʻli Saidxonni taxtga chiqarmoqchi emishlar.
— Kimlar shunday qilmoqchi? Kimlar?! — deb Bobur gʻazabdan titrab soʻradi.

Qosimbek orqasiga oʻgirilib qaradi. Mulozim va xos navkarlar uzoqda qolgan, ovoz ularga eshitilmaydi. Shunday boʻlsa ham Qosimbek tovushini pasaytirib:
— Qambarali Salloh, Sayidali Shakma, — deb bir qancha fitnachilarning nomlarini aytdi.
— Iblislar! Qachongacha bular mening yelkamga tigʻ ururlar?! Andijondagi Ahmad Tanbal ham shu toifadan edi! Bas! Hammasini tuttiring! Pora-pora qilib, goʻshtlarini quzgʻunlarga tashlaturmiz!

Qosimbek otining jilovini tortib, togʻ etaklaridagi minglab oʻtovlarga xavotir bilan koʻz yugurtirib chiqdi.
— Hazratim, qarang, bular juda koʻp. Navkarlari bilan yigirma ming!

Koʻp asrdan beri Movarounnahrda yashaydigan, turkiy tilda soʻzlashadigan, musulmon dinini qabul qilib, uning xurofotiga qattiq berilgan bu moʻgʻul beklari va navkarlarining kasbi harbiy ish edi. Qaysi podshoh ulufani koʻproq bersa, qaysi jangdan oʻlja yaxshiroq tushadigan boʻlsa, bularning koʻpini oʻsha podshoh va oʻsha jang oʻziga jalb qilar edi. Xisravshoh xizmatidan Shayboniyxonga oʻtgan, uning magʻlubiyatidan soʻng Boburga kelib qoʻshilgan bu yollanma askarlar beqarorlikka oʻrgangan edilar.

Agar Bobur fitnachi beklarni tuttirib jazolatadigan boʻlsa, ularning urugʻ-aymoqlari arazlab ketib qolishi, soʻng qasd olishning payiga tushishi aniq edi. Agar ichki urush boshlanib ketsa, keyin Bobur shayboniyzodalar qarshisida zaiflashib, yengilishi muqarrar edi.

Bobur shuni oʻylaganda qalbidagi gʻazab oʻrnini ogʻir xavotirlik tuygʻusi egalladi.
— Mudom insofu imonga xilof xiyonatlar shu moʻgʻul beklaridan sodir boʻlur! Yana bular dinu maz-habni himoya qilmoqchilarmi?!
— Butun jaholat ana shundoq nodonlardan chiqadi-da, hazratim! Qulingiz ana shu johillarning kayfiyatini sezib, dastorni olmang, degan edim.
— Lekin olmay ilojim bormidi?
— Yoʻq edi, hazratim, siz mutlaqo toʻgʻri qildingiz! Endi buni hammaga yaxshilab uqtirish kerak. Moʻgʻullarning orasida ham yaxshilari bor, fitna tayyorlanganini menga moʻgʻul avlodidan chiqqan togʻavachchangiz Saidxonning oʻzi kelib aytdi. «Hazratimdan iltimos qiling, iloji boʻlsa meni Andijonga yuborsinlar», dedi.
— Lekin Saidxon... bergan tuzimizni oqlabdir... Durust!
— Boshqa insoflik moʻgʻullar ham koʻp, hazratim. Siz bir pora yomon beklarning fitnasidan koʻp ma’yuslanmang. Faqir chorasini oʻylab qoʻymishmen.
— Xoʻsh, qani?
— Saidxon sizga sadoqatini isbot qildi. Uni xon koʻtarmoqchi boʻlgan besh-oʻnta fitnachi beklarga bir-ikki ming navkarlari bilan ruxsat beraylik. «Bor, Andijonni shayboniyzodalardan himoya qilib ol!» deyligu hammalarini Qorategin orqali joʻnatib yuboraylik. Shu bilan biz ham fitnachilardan xalos boʻlurmiz, ular ham istagan xonlarning xizmatiga oʻtib tinchirlar.
— Qolganlari yana bir kun xiyonat yoʻliga oʻtsa-chi?
— Qolganlari bilan keyin men oʻzim yakkama-yakka gaplashib chiqurmen. «Podshohdan gunohlaringni soʻrab oldim, bir marta shafe boʻldim, ikkinchi marta boʻlmasmen», deb tushuntirurmen. Bu ham kifoya qilmasa, shubhaliroqlarining ketiga ziyrak xufyalardan qoʻyib qoʻyganmen. Agar yana buzuqlik qilsalar, unda tutib keltirurmen, keyin istaganingizcha jazo berursiz!

4

Nihoyat, barcha rejalar gaplashilgan tarzda amalga oshdi-yu, Boburning moʻgʻullar bilan birgalikda yigirma besh mingdan oshadigan qoʻshini yoz kunlarida Amudaryoning Panj deb ataladigan yuqori oqimidan oʻtib, Koʻlob orqali Vaxsh vodiysiga yoʻnaldi.

Shayboniyzodalar Shoh Ismoil qoʻshinining Termiz tomondan kelayotganini, ular Bobur askarlari bilan qoʻshilsa, yengish mushkul boʻlishini bilar edilar. Shuning uchun ular Ubaydulla Sulton boshliq bir qism qoʻshinlarini Qarshi va Samarqandda qoldirishib, asosiy kuchlarini Hisorga yigʻib keldilar. Temur Sulton, Jonibek Sulton, Hamza Sulton va Mamat Sulton boshliq oʻttiz ming otliq qoʻshin choʻl va vodiylardan chiqib, baland togʻ oraliqlariga shitob bilan koʻtarilib kelmoqda edi. Ular Bobur qoʻshinini Vaxsh daryosidan oʻtkazmaslikka intilar edilar.

Biroq yuqoridan tez tushib kelayotgan Bobur butun askarlari bilan Vaxsh boʻyiga dushmanidan ancha oldin yetib bordi va Puli Sangin[6] degan koʻprikdan oʻtdi. Soʻng odam oyogʻi tegmagan tik qoyatoshlar va zovlar orasidagi bahaybat daraning dahanasini[7] va harbiy jihatdan qulay balandliklarni egallab oldi. Pastdan yopirilib chiqib kelgan yov qoʻshini torgina yoʻl bilan daraning ichiga kirishga jur’at etolmay toʻxtadi.

Sultonlar ot ustida turib ancha vaqt kengashganlaridan keyin Temur Sulton boshliq oʻn mingtacha askar daraning oʻng tomoniga oʻtdi-yu, Bobur turgan balandlikka orqadan aylanib kelmoqchi boʻldi. Temur Sultonning orqadan chiqib kelib toʻlgʻama ishlatishini Saripul jangida koʻrgan Bobur uning niyatini fahmlab qoldi. Darhol Mirzoxon boshliq oʻn ming otliqni yov aylanib oʻtayotgan tomonga joʻnatdi. Aylanib oʻtayotganlardan koʻra toʻgʻridan borayotganlar moʻljallangan joyga tezroq yetdilar va balandlikning Vaxsh daryosigacha borib taqaladigan hamma muhim nuqtalarini ishgʻol qildilar.

Vaxsh uchurimli qoyalar orasidan shunday dahshat solib oqar ediki, uning qirgʻogʻini yoqalab oʻtib boʻlmas edi. Temur Sulton qarshisidan chiqqan askarlarning safini yorib oʻtmoqchi boʻlib, peshingacha jang qildi, lekin muxolif tomon yuqoridan tosh yumalatib, oʻq yogʻdirib, ularga yoʻl bermadi.

Ochiq choʻllarda oʻsgan, tekis vodiylarda dadil harakat qiladigan sultonlar hammayogʻi bekik daralar va tik qoyatoshli togʻlar orasida juda qiynalib qoldilar. Ularning dashtiy otlari ham togʻda durust chopolmas edi. Ba’zilari tik yonadan tushayotganda togʻda yurishga moʻljallanmagan quyushqon va ayillari uzilib ketar, egalari otlaridan yiqilib tushishar edi. Shunday yiqilib tushganlardan birini tutib olib, Boburning oldiga «til» tariqasida keltirdilar. Bobur «til»ni soʻroq qildirib, shayboniyzodalar orasida ularning eng iste’dodli sarkardasi boʻlgan Ubaydulla Sulton yoʻqligini, boshqalari durust-roq olishishning epini topolmay, chekinishga ham jur’at etolmay, ikkilanib turganini aniqladi.

Bobur yov qoʻshini saflanib turgan pastlikning yaqinida suv yoʻqligini bilar edi. Havo issiq. Kuni boʻyi yugurib-elib charchagan odamlar va otlar halizamon chanqab, suv qidirishga tushishi muqarrar. Suv esa yov turgan joydan besh-olti chaqirimcha orqada edi.

Kech kirib, kun bota boshlaganda Bobur odamlariga: «Bugun endi jang boʻlmadi, ertani kutamiz», deganday qilib, otidan tushdi. Tepalikda Boburning yonida turgan mingdan ortiq askarlar ham otdan namoyishkorona tusha boshladilar.

Buni daraning tashqarisidagi shayboniyzoda sultonlar koʻrib turardilar. Lekin daraning ichida — sultonlarga koʻrinmaydigan joyda Boburning asosiy kuchlari otdan tushmay, saf tortib, hujumga shaylanib turar edilar.

Tepalikda turgan Bobur yon-veridagi barcha navkarlari bilan kechki paytda otdan tushganini va navkarlar safini tarqatib yuborganini koʻrgan sultonlar «bugun chindan ham jang boʻlmaydi» deb oʻylagan boʻlsalar kerak. Ular ham saflarini buzib, ba’zilari otlarini yetaklagan holda orqaga burilishdi va suv izlay boshlashdi.

Boburga shu kerak edi. U sakrab otiga mindi-yu, dara ichida yovga koʻrinmay tayyor turgan bek va nav-karlariga qarab qichqirdi:
— Yogʻiy chekindi! Zafar bizniki boʻlur! Ta’qib eting! Bu buyruq ogʻizdan-ogʻizga oʻtib, bir lahzada butun saflarga tarqaldi. «Yov qochsa botir koʻpayadi» deganlaridek, yov chekinganiga ishongan daradagi askarlar dahana tashqarisiga sherday dadil hamla qilib chiqdilar. Bobur ham qilich yalangʻochlab, tepadagi tugʻbardorlari va xos navkarlari bilan pastga otildi.

Shayboniyzodalar dara ichidan va tepadan togʻ koʻchkisiday otilib tushib kelayotgan oʻn besh ming qoʻshin qarshisida shoshib qoldilar. Ular buzilgan saflariga qaytadan tartib berishga ulgurolmay, vahima ichida qochishga tushdilar.

Bu qochishni oʻng tomonda Mirzoxon bilan olishayotgan Temur Sultonning odamlari ham koʻrdilaru yakkalanib, qurshovga tushib qolishdan qoʻrqib, narigi bir daraga qarab chekindilar.

Bobur xos navkarlari bilan birga yovning asosiy kuchlarini ta’qib qilib bormoqda edi. Gʻira-shira qorongʻilik tushganda uning Muhammad Sulton Doʻlday degan beki Hamza Sultonning qoʻshinini tor-mor qilib, oʻzini asir olib keldi. Xufton kechroq Xoʻja Kalon boshliq navkarlar Mahdi Sultonni ham qoʻlga tushirib keldilar.

Qorakoʻl va Andijonda boʻlgan koʻpgina qirgʻinlarning sababchilari mana shu sultonlar edi. Bobur ularni oʻlimga hukm qildi.

5

Tiniq kuz osmonida oq ipakdan ham nafis mezonlar uchadi. Samarqand bogʻlarida katta dona anorlar yetilgan, sohibi uzumlar va naqsh olmalarning eng shirinlari qolgan payt. Shaharning barcha darvozalari ochiq, kirdi-chiqdi bemalol. Oʻn kundan beri Samarqandda na qoʻshin bor, na bir hokimiyat. Shayboniyzodalar Vaxsh boʻyida Boburdan yengilganlaridan keyin Gʻuzor va Qarshi atroflarida yana astoydil bir jang qilmoqchi boʻlib, kuch toʻplab koʻrdilar. Biroq Boysun togʻlaridan narida Bobur qoʻshiniga Shoh Ismoil yuborgan oʻttiz ming qizilbosh askari kelib qoʻshilgani ma’lum boʻlgandan keyin sultonlar ikkinchi marta magʻlubiyatga uchrashdan qoʻrqdilaru Qarshi, Buxoro va Samarqandni jangsiz tashlab chiqdilar. Faqat ular dushmanlariga zaxira qoldirmaslikka tirishib qoʻllariga tushgan hamma ot-ulov, mol-hol, don-dunni talab olib ketdilar. Shu munosabat bilan koʻchmanchi qabilalarning yana bir talon-torojini boshdan kechirgan va ularga qarshi nafrati benihoya oshgan oʻtroq aholi endi butun najotni Boburdan kutib, uning yoʻliga umid bilan koʻz tika boshladi.

Bobur ittifoqdoshlari bilan Gʻuzordan Qarshiga, undan Buxoroga oʻtgan, bu qoʻrgʻonlarga ishonchli odamlarini qoʻyib, endi Samarqandga kelmoqda edi. Bundan xabar topgan samarqandliklar Chorraha darvozasini, unga kelib kiradigan Buxoro yoʻlining ikki chetini dorpech, gilam va palaklar bilan bezatdilar. Yoʻl boʻyiga oʻnlab muvaqqat doʻkonlar qurildi, hayit kunlaridagi kabi sayil boshlandi.

Shaharning eng obroʻli odamlaridan yigirma-oʻttiztasi qoʻrgʻon kalitlari va qimmatbaho peshkashlar bilan Boburni bir kunlik yoʻlda peshvoz oldilar. Ertasi kuni Bobur saf-saf otliq qoʻshin oldida mulozimlari bilan Samarqandga yaqinlashar ekan, yoʻlning ikki boʻyini xaloyiq tutib ketganini, hammayoq bayram tusini olganini, tom ustlarida, darvoza oldilarida karnaylar va naqoralar chalinayotganini koʻrdi.

Boburning Hisordagi gʻalabasi sharafiga yozilgan she’riy ta’rixlar[8], uning Samarqandga kelishini qutlaydigan satrlar xattotlar tomonidan yirik-yirik harflar bilan oq ipak matolarga yozilib, yoʻl boʻylariga, doʻkon tepalariga, qoʻrgʻon ichining koʻzga koʻrinarli joylariga osib qoʻyilgan edi. Bobur xor-zor boʻlib chiqib ketgan vatanida bunchalik izzat-ikrom bilan qarshi olinishini xayoliga keltirmagan edi. U mavkabi bilan shaharning markaziy xiyobonidan Koʻksaroyga qarab oʻtayotganda Ulugʻbek madrasasining baland peshtoqi va minoralari ustida qoʻshkarnaylar chalib, naqoralarni sayratib, quvonch bildirayotgan vatandoshlarini koʻrdi. Shunda birdan eti jimirlab, koʻziga yosh keldi. Yonida borayotgan Qosimbekka qarab:
— Ishongim kelmas, tushimmi bu, oʻngim? — dedi.
— Oʻngingiz, hazratim! Oʻngingiz!

Xos navkarlardan sal keyinroqda sallalariga qizil oʻtagʻalar qadalgan Shoh Ismoilning beklari Ahmadbek soʻfi oʻgʻli, Shohruhbek Afshar, Muhammadjon eshik ogʻasi oʻz mulozimlari bilan bir toʻp boʻlib kelmoqda edilar. Ular ot ustida gʻoliblarga xos viqor bilan oʻtirishar, yuzlaridan: «Biz boʻlmasak Bobur Samarqandga qaytib koʻrsin edi!» degan bir ma’no anglashilar edi.

Samarqandliklar esa butun karnay-surnaylarini Boburga qaratib chalishardi. Shoh Ismoilning bek va navkarlari xaloyiq oldidan oʻta boshlaganda karnaylar va naqoralar birin-ketin tinib qolardi. Qizilboshlarning shafqatsiz ishlari va shia mazhabini zoʻrlik bilan tarqatish borasidagi harakatlari Samarqandga juda vahimali ovozalar tarzida yetib kelgan edi. Shaharning sunniy aholisi saf-saf boʻlib oʻtayotgan qurolli shialarga xavotirli, noxush nazar bilan qarashardi. Xaloyiqning sovuq munosabatidan qizilbosh beklarining qovoqlari osilib borar, Boburga koʻrsatilayotgan izzat-ikromlar ularning gʻashlarini keltirardi.

Bunday murakkab holatlar Qarshi va Buxoroda ham boʻlgan edi. Bobur vatandoshlarining mehmondoʻstlik tuygʻusini uygʻotish uchun shu kuniyoq Samarqandning maydon va koʻchalariga jarchi chiqartirib: «Shoh Ismoilning gʻoziylari bizning moʻ’tabar mehmonlarimizdandir!» deb e’lon qildirdi. Soʻng quvonchli ayyom munosabati bilan mehmonlarga va shahar aholisiga uch kungacha osh berishni buyurdi.

Bobur va uning odamlari bundan oʻn yil muqaddam qamalda qolib, ochlikdan intihosiz mashaqqatlar chekkan Boʻstonsaroyda, mahalla va guzarlarda, bogʻ va sayrgohlardagi yuzlab tandirlarda osiyogi nonlar, shirmoylar, patirlar, chavatilar yopildi, minglab tovoq oshlar tortildi, behisob koʻp qoʻylarning goʻshtlaridan qovurdoqlar, kaboblar, shoʻrvalar tayyorlandi, asil chogʻirlarga toʻla xumlar ochildi.

Bobur har kuni mehmonlari va musohiblari bilan chogʻir ichib xursandchilik qilar edi. Toʻy-tomosha ustiga yana toʻrt tarafdan xushxabarlar kelib turardi. Andijon, Margʻilon, Oʻsh va Oʻzgan hammasi birin-ketin shayboniyzodalar hukmidan chiqib, Bobur tomoniga oʻtgan edi. Janubda Qunduz, Kobul, Gʻazna barchasi endi Boburning qalamravidagi yagona mamlakatga aylangandi. Uning nazarida, hayotining eng baxtli davri boshlangan, barcha orzulari endi bekamu koʻst roʻyobga chiqishi kerak edi.

Biroq bu baxtning juda omonat, juda muvaqqat ekanligi eng avval masjid bilan bozorda bilindi.

* * *

Samarqand qoʻrgʻonining Ohanin darvozasi yaqinidagi ulkan marmar masjidning tekis tosh toʻshalgan sahniga yigirma ming namozxon toʻplangan. Bugungi juma namozida xutba qanday oʻqilishini koʻpchilik samarqandliklar oʻz quloqlari bilan eshitgilari keladi. Chunki: «Bobur podshoh shialar tomoniga oʻtganmish, choryorlardan yuz oʻgirib, oʻn ikki imomni tan olganmish!» degan mish-mishlar koʻpaygan, Boburni quvonib qarshi olgan sunniy mazhabidagi odamlar, bu ovozaga ishongilari kelmas, biroq uning muxoliflari aholining asabiga tegadigan mish-mishlarni tobora koʻp tarqatishar edi. Bugun jome masjidida oʻqiladigan xutba bu ovozalarning qanchalik rost, qanchalik yolgʻonligini aniqlab berishi kerak edi — qoidaga binoan, xutbaga yoki choryorlarning nomi, yoki oʻn ikki imomning nomi, albatta, qoʻshib oʻqilar edi. Buni biladigan odamlar jome masjidining ich-tashini toʻldirib yuborgan edilar. Xutba oʻqilishiga bir soat qolganda masjid sahnida boʻsh joy qolmadi. Shundan keyin eshik va darvozalar oldida turgan qurolli soqchilar ichkariga hech kimni kirgizmay qoʻydilar.

Bir vaqt masjidning orqa eshigidan sadrlar suduri Xoʻja Xalifa, Bobur, Qosimbek va uch-toʻrtta qizilbosh beklar kirib kelishdi. Bobur masjidning ich-tashiga odam benihoya koʻp toʻplanganini koʻrib, yuragi iztirob bilan «shigʻ» etdi. Bu odamlar uning hozir qilmoqchi boʻlgan qaltis ishi muvaqqat bir chora ekanini tushunisharmikan?

Mana shu vaziyatda eng toʻgʻri yoʻl — shoh qoʻshinini «otang yaxshi, onang yaxshi», deb silab-siypab, vataniga joʻnatib yuborish edi. Avvaldan kelishilgan shartlarga binoan, Bobur Shoh Ismoilni oliy hokim deb e’lon qilishi, xutbaga uning va oʻn ikki imomning nomini qoʻshib oʻqitishi, keyin shohning nomidan pul zarb qilishi kerak edi. Shu shartlar bajarilsa, Shoh Ismoilning beklari oʻz qoʻshinlarini Movarounnahrdan olib chiqib ketishga koʻnar edilar. Yuqoridagi shartlarni xoʻja-koʻrsinga boʻlsa ham bajarib, begona qoʻshindan tezroq xalos boʻlish toʻgʻriroq ekanini Qosimbek ham, boshqa sirdosh a’yonlar ham tushungan edi. Xoʻja Xalifa ham bugungi xutbani Bobur istagan tarzda oʻqishga rozi boʻlgan edi. Rejaga binoan, Xoʻja Xalifa samarqandlik sunniy namozxonlarning gʻazabiga qolmaslik uchun choryorlarni umumiy bir tarzda nomlarini tilga olmay aytib oʻtishi, oʻn ikki imomni esa qizilbosh beklarni qoniqtiradigan ohangda nomma-nom tilga olishi kerak edi.

Uzun mosh-guruch soqoli kindigiga tushadigan Xoʻja Xalifa barcha qavmlarning oldida turib, juma namozini oʻqidi-yu, keyin qoʻliga hassasini olib, masjid toʻridagi marmar zinapoyali minbarga koʻtarila boshladi.

Yigirma ming namozxon hammasi jim. Masjid sahnini toʻldirgan odamlarning hammasi goʻyo oʻzlarining sunniy mazhablarini namoyish qilmoqchi boʻlgandek boshlariga toʻrt oʻramlik sallalar oʻragan edilar. Sunniy sallalarning sanoqsiz koʻpligidan gʻashi kelgan elchi Xoʻja Xalifaning boshidagi dastorga qaradi. Oʻramlari toʻrttadan koʻp, ammo oʻn ikkita ham emas. Sanab boʻlmaydi. Muhammadjon eshik ogʻasi Bobur va Qosimbekning boshlaridagi sallalarga qaradi. Bularning oʻramlari ham toʻrttadan koʻp, ammo oʻn ikkitadan oz. Bu sallalar shunday oʻralganki, oʻramini sanash mumkin emas.

Muhammadjon eshik ogʻasi bunda qandaydir ma’no borligini sezib, sergaklandi. Nahotki Bobur Qunduzda bergan va’dasini bajarishdan bosh tortmoqchi boʻlsa?

Muhammadjon eshik ogʻasi Xoʻja Xalifaning harakatlarini sergak turib kuzata boshladi. Masjid sahnidagi odamlar ham nafaslarini ichlariga yutib, xutbaning boshlanishini kutmoqda edilar. Umumiy jimlikda Xoʻja Xalifaning yoʻgʻon tovushi allanechuk titrab, iz-tirobga toʻlib eshitildi:
— Bismilla-ahu rahmo-onur rahim!

Minbarda turgan Xoʻja Xalifa yigirma ming sunniy namozxonning oʻziga sergaklanib tikilayotganini koʻrdi-yu, tizzasi ham qaltiray boshladi. Mana, u olloh sha’niga, paygʻambar sha’niga bitilgan surani oʻqib tugatyapti. Endi choryorlar tilga olinishi kerak. Nahotki, Xoʻja Xalifa — yoshlikdan sunniy mazhabida choryorlarga zoʻr e’tiqod bilan tarbiyalangan odam endi shuncha namozxonning umidini puchga chiqarsa? Uning qarshisida yigirma ming salla turibdi. Bu sallalardan har birining qatlarida choryorlarning ruhi yashashiga Xoʻja Xalifa bolalikdan ishonadi. Hozir namozxonlarning boshlari sabrsizlik bilan qimirlaganda Xoʻja Xalifaga salla oʻramlaridagi arvohlar qimirlaganday tuyuldi. Agar u choryorlarga hurmatsizlik qilsa, arvoh urib ketadiganday boʻldi.

Yoʻq, Xoʻja Xalifa choryorlarning arvohidan qoʻrqadi. Shuning uchun:
— Choryori bosafolar Hazrati Abubakir! Hazrati Umar! — deb hozir aytishi kerak boʻlmagan nomlarini birdan xutbaga qoʻsha boshladi.

Boburning orqasida turgan minglab namozxonlarning quvonch bilan yengil nafas olgani eshitildi. Muhammadjon eshik ogʻasining esa rangi oʻchib ketdi. Uning narigi yogʻida turgan Shohruhbek Afshar qilichining sopini changallab, minbarga tomon intildi.

Shialar Abubakir, Umar va Usmonni bugungi tirik dushmanlaridek yomon koʻrishar, masjidda ularni ulugʻlagan har bir sunniyni chopib tashlagilari kelar edi. Hirotning jome masjidida choryorlarni ulugʻlagan Zayniddin degan xotibni qizilboshlar namozxonlarning koʻzlari oldida qilich bilan chopib parchalab tashlaganini Bobur eshitgan edi. Hozir u Shohruhbekni bilagidan olib, iltimoskorona tovush bilan:
— Bek janoblari, sabr qiling, sabr! — dedi. Bu orada Xoʻja Xalifa choryorlarning nomini aytib boʻldi-yu, qizilboshlar sevadigan imomlarni xutbaga qoʻsha boshladi.
— Hazrati Imom Hasan! Hazrati Imom Husayn! Hazrati Zaynaliddin Ali!

Shohruhbek Afshar bu nomlarni eshitib qoʻlini qilichining sopidan oldi-da, qatorga qaytib kirdi. Ammo orqadagi namozxonlar orasida shunday bir asabiy shovur-shuvur boshlandiki, Xoʻja Xalifa qolgan imomlarning nomini baqirib aytishga majbur boʻldi.

Orqadan kimdir:
— E, bas, bas! — deb qichqirdi. Biroq namozxonlar orasiga tartib oʻrnatish uchun qoʻyilgan devqomat navkarlardan biri «bas!» deb qichqirgan odamning ogʻzini ulkan kafti bilan bekitib, boʻynidan sudrab olib chiqib ketdi.

Xotib oʻn ikki imomni nomma-nom sanab boʻlib, ularning muqaddas ishini bugun davom ettirayotgan sohibi zamon Shoh Ismoil Safaviyni maqtab soʻzlay boshlaganda, masjid sahni yana ham asabiyroq junbushga keldi. Faqat Xoʻja Xalifa Boburni Movarounnahrning podshosi, deb e’lon qilganda shovqin xiyol bosildi.

Xutbadan soʻng uy-uyiga tarqalgan namozxonlarning ba’zilari: «Bobur mirzo Movarounnahrning podshosi boʻldi, taxtini kelgindiga bermadi», deb tasalli topmoqchi boʻlsa, boshqalar:
— Pok mazhabimizga rofiziylik aralashdi, — deb shivirladi. — Harom boʻldik! Choryorlarning qargʻishiga qoldik! Yana qimmatchilik boʻlgay! Yana ocharchilik boshlangay!

* * *

Bobur qizilboshlarning shartlarini ado etib, ularni tezroq joʻnatib qoʻyish uchun Shoh Ismoil in’om qilgan oʻsha mashhur dastorni taxtga chiqqanda boshiga kiyib koʻrinish berdi. Soʻng Shoh Ismoilning tamgʻasi bilan bir necha ming tanga pul zarb qildirib, bu pullarni qizilboshlarning oʻzlariga tarqatdi.

Shu munosabat bilan shaharu qishloqlarda har xil mish-mishlar avvalgidan ham koʻpayib ketdi. Goʻyo afsonaviy kitoblarda bitilgan Ya’juj-Ma’jujlar mana shu qizilboshlar emish. Bobur qizilboshlarning sallasini Koʻktoshga kiyib chiqqanda muqaddas toshning bir cheti yorilib ketgan emish. Endi Shoh Ismoil Samarqandga kelib mana shu Koʻktoshga chiqarmish. Oʻshanda qiyomat-qoyim boshlanarmish.

Shayboniyzodalar Samarqandda qoldirib ketgan mulla va darvish kiyimidagi xufiyalar mahalla-kuylarda, bozorlarda vahimali ovozalar tarqatib, shia-sunniy nizolarini mumkin qadar alangalantirishga tirishar edilar. Bozorda narx-navo oshib ketayotganini ham shialarning kasofatidan koʻrayotgan omi kishilar qizilboshlarga nafrat bilan qarar edilar.

Bitimdagi shartlar bajarilgandan keyin qizilboshlar yurtlariga qaytib ketishga hozirlana boshladilar. Ularning besh-oltitasi Samarqandning Chorsusidagi atlas doʻkoniga sovgʻa sotib olish uchun keldi.

Bozor kuni. Chorsuda odam juda koʻp. Qizilbosh navkarlar yetti xil rang bilan tovlanayotgan Samarqand atlasiga xaridor boʻlib qolishdi. Mulla yoqa koʻylak kiygan semiz bazzozga qarab, toʻrt kiyimlik atlas kesishni buyurishdi.

Bazzoz yogʻoch gazni qoʻliga oldi-yu, qizilbosh nav-karlarga istehzoli koʻz tashlab:
— Avval pulingni koʻrsat, — dedi. — Aqchang qandoqa? Tangang?

Katta choʻgirma kiygan bir yigit charm hamyonidan uch-toʻrtta kumush tanga olib, bazzozga berdi.

Bazzoz tangalarning old tomoniga Shoh Ismoilning tamgʻasi orqa tomoniga shia imomlarining nomi zarb berilganini koʻrdi-yu, qoʻrqib ketdi. U sunniy mullalarning: «Shia puli harom, uni olgan odam choryorlarning qargʻishiga uchraydi», degan gaplarini eshitgan edi. Shuning uchun qoʻliga tangani emas, zaharli chayonlarni olganday jirkanib va shoshib tangalarni egasiga qaytardi.

Beliga qilich va xanjar taqqan devqomat qizilbosh navkar avval kaftidagi yangi kumush tangalarga, soʻng bazzozga taajjub bilan tikildi.
— Ne oʻldi?! Bu oqchada ne illat va-ar?
— Bizda bu tangalar oʻtmaydi. Hech kim olmaydi.
— Nechun olmassan? Nechun? — kuyib-pishib soʻradi qizilbosh navkar.
— Oʻtmaydi.
— Nechun oʻtmas?!

Bu savolga chetroqda turgan bezorinamo bir yigit javob berdi:
— Kelgindilarning puli harom!
— Harom?! — deb qizilbosh navkar haligi yigitga qarab intildi. Ammo u yigit oʻzini bozor toʻla xaloyiqning orasiga urdi. Shunda doʻkonlar orasidan kimdir qizilbosh navkarga tosh otdi:
— Rofiziylar, ket yurtingga! — degan tovush eshitildi.

Koʻzlaridan olov chaqnayotgan ikkinchi qizilbosh bazzozdan tahdid bilan choʻzib soʻradi:
— Bizim aqchani olmas-sa-an?!

Bazzoz endi uning gʻazabidan qoʻrqib, muloyimroq gapirdi:
— Olsam, kuygaymen, mehmon. Biz eski aqchada savdo qilishga oʻtganmiz.
— Eski aqcha? Shayboniyxonning aqchasi kerakmi?

Hozir Samarqand bozorida chindan ham Shayboniyxon chiqargan tangalar yaxshi oʻtardi. Bu tangalarga sunniylar sigʻinadigan choryorlarning nomi bitilgan edi. Savdogarlar uchun bundan ham muhimi — Shayboniyxon tangalarining vazni ogʻirroq, demak, qiymati balandroq edi.

Shayboniyxon oʻlimidan uch-toʻrt yil burun Hirotdan to Toshkent va Turkistongacha boʻlgan viloyatlarda pul islohoti oʻtkazgan, raqiblaridan moliya sohasida ham ustun kelish uchun oʻz tangalarining ogʻirligini temuriylar chiqargan tangalarning vazniga nisbatan bir dang[9] oshirgan edi. Shuning uchun hozirgacha butun Xuroson va Movarounnahr bozorlarida Shayboniyxon tangalarining xaridori koʻproq edi. Lekin bazzoz gʻazabi kelib turgan qizilbosh navkariga buni ochiq aytmadi.
— Shayboniyxon yoʻq, oʻlgan, — dedi.

Shu payt kimdir uzoqdan:
— Samarqandni boʻshat, kelgindi! — dedi-yu, doʻkon oldida turgan qizilboshga kesak otdi. Kesak uning telpagiga tegib ushaldi-da, changi yuziga tushdi. Xaloyiq orasidan allakimlarning kulgani eshitildi. Qizilbosh navkar egri qilichini qinidan sugʻurib, kesak otgan odamni koʻzlari bilan qidirdi, ammo topolmadi. Soʻng yana semiz bazzozga yuzlandi. Soʻzining oxirgi boʻgʻinini choʻzib soʻradi:
— Shoh Ismoilni aqchasin almas-san?

Bazzoz uning qilichidan qoʻrqib, titrab gapirdi:
— Men olsam baloga qolamen.

Qizilbosh yana bir marta:
— Almassa-an?! — deb choʻzib soʻradi-yu, keyin chetdan otilgan tosh va kesaklarning alamini ham bazzozdan olib uning yelkasiga bor kuchi bilan qilich urdi. Oʻtkir qilich bazzozning goʻshtdor yelkasini boʻynining oldidan kindigigacha kesib tushdi. Shunda ikkinchi qizilbosh ham qilichini yalangʻochladi-yu, choʻkkalab qolgan bazzozning boshini bir zarb bilan tanasidan judo qildi. Semiz bazzozning boshsiz boʻynidan sharillab otilgan qon doʻkon ichidagi atlaslar va ipak matolarga sachradi.

Buni koʻrgan odamlar qiy-chuv koʻtarib, vahima ichida qocha boshladilar.

6

Shia-sunniy nizolari bunday qonli toʻqnashuvlarni tobora koʻp keltirib chiqarayotgani qizilbosh beklarni ham tashvishga solib qoʻydi. Bobur oʻzining Shoh Ismoil bilan tuzgan ittifoqiga sodiq ekanini ularga qayta-qayta uqtirib, nufuzli beklarga qimmatbaho sarupolar, otlar, oltin-kumush pullar in’om berib, nihoyat, qish chillasi chiqqanda oʻttiz ming qoʻshinni Movarounnahrdan Eronga joʻnatib yubordi.

Shundan soʻng Samarqand ancha tinchib qoldi. Toshkent, Xoʻjand, Oʻratepa ham shayboniylar hukmidan chiqib, Bobur tomoniga oʻtganligi haqida xushxabarlar keldi. Qizilboshlarni uch oy davomida boqish va qimmatbaho sovgʻalar bilan kuzatish paytida ancha boʻshab qolgan xazina oʻsha shaharlardan kelgan peshkashlar bilan yana ancha toʻldi.

Samarqand bogʻlari oq-pushti bodom gullari bilan bezana boshlagan ilk bahor kunlarida Bobur bir toʻp yaqinlari bilan otlanib, Ulugʻbek rasadxonasi tomonga sayrga chiqdi.

Oʻntacha qoʻrchi navkarlarni toʻriq qashqa ot mingan Tohir boshqarib bormoqda edi. Oq otliq Boburning ikki yonida Qosimbek bilan margʻilonlik Xoʻja Kalonbek. Ulardan orqaroqda oʻtgan hafta Hirotdan kelgan mavlono Fazliddin yuvosh qora otga minib oʻychan kelmoqda. Ichki beklar orasida munshi ham, maktab-madrasa ishlari bilan shugʻullanuvchi bir mudarris ham bor. Otliqlar Obirahmat arigʻiga yetmay Bogʻi Maydon tomonga burildilar. Ulugʻbek zamonida juda obod va mashhur boʻlgan, bundan oʻn besh yil oldin ham fayzlik turgan Bogʻi Maydon shayboniylar davrida qarovsiz qolib, ichki ariqlari bekilib ketgan, suvsizlikdan koʻpgina daraxtlar qurib qolgan edi. Ikki qavatlik naqshin koʻshk — Chinnixonaning shiftidan tomchilar oʻtib ajoyib rasmlarning anchasi oʻngib ketgan edi.

Bobur buning hammasini koʻrib chiqqach, mavlono Fazliddinga yuzlandi:
— Mavlono, biz sizni Hirotdan chorlab keltirganda yangi qasrlar, chorbogʻlar qurdirish umidida edik. Ammo olamga mashhur qadimiy obidalarimizning bu ahvolini koʻrib, oʻzingiz ham taassuf etsangiz kerak!
— Hazratim, Ulugʻbek mirzoning olamda yagona rasadxonasi ham mana shu Chinnixona kabi tashlandiq ahvoldadir, — dedi mavlono Fazliddin. — Kecha koʻrib koʻnglim vayron boʻldi. Oltmish yildan beri qarovsiz. Nodir asbob-olotlari talangan. Devorlaridan koshinlari, marmar toshlari koʻchirib ketilgan. Shu ahvolda tashlab qoʻyilsa uch oshiyonlik rasadxona koʻp vaqt oʻtmay xarobaga aylanur.
— Demak, shoshilinch choralar koʻrmogʻimiz darkor, janob Qosimbek. Bizning xos me’morimiz mavlono Fazliddin qanday mablagʻu koʻmak talab qilsalar beraylik, Ulugʻbek mirzodan yodgor qolgan Chinnixonayu rasadxonalar darhol ta’mir etilib, aslidek tiklansin.

Qosimbek yengil bir ta’zim bilan:
— Hazratim, amringizni jonim bilan ado etgaymen! — dedi. — Chinnixonani ta’mirlash uncha mushkul emas. Bogʻning koʻmilib ketgan ariqlarini ham ochgaymiz, gullar oʻstirurmiz.
— Navroʻz bayramigacha ulgurgaymisiz? — soʻradi Bobur. — Bu yilgi Navroʻz bazmini mana shu Chinnixonada oʻtkazaylikmi, a, janob Kalonbek?

Ichkilik bazmlarini yaxshi koʻradigan Xoʻja Kalonbek mamnun jilmaydi:
— Dono fikr aytdingiz, hazratim! — dedi. — Samarqandda bogʻbonlaru naqqoshlar yetarlik. Hamma hunarpeshalarga mavlono Fazliddin sarkor boʻlurlar. Navroʻzgacha bu bogʻ obod qilinmogʻi kerak.

Mavlono Fazliddin qoʻlini koʻksiga qoʻyib, Boburga yuzlandi:
— Chinnixonani tiklash mumkin, hazratim, ammo rasadxonani ne qilurmiz?
— Uni ham tiklamoq zarur, janob Qosimbek, — dedi Bobur.

Qosimbek rasadxonani tiklashdan qoʻrqardi. Chunki shayxlar soʻnggi oʻn yilliklar davomida rasadxonani dinsizlar makoni deb la’natlab, avom xalqni shunga ishontirib qoʻygan edi. Agar Bobur rasadxonani qayta tiklab, yana ishga solib yuborsa, Ulugʻbekning boshini yegan qora kuchlar uning joniga ham qasd qilishi mumkin edi. Qosimbek shuni oʻylab:
— Hazratim, yotgan ilonning dumini bosmaylik, — dedi. — Rasadxonani ta’mirlaganimiz bilan unda ish olib boradigan yetuk olimlarni qaydan topgaymiz? Oltmish yildan beri keksa avlod olimlar oʻlib, yoshlari boshqa yurtlarga ketib qolmishdir.
— Ketganlarini chorlab keltirish mumkin, janob Qosimbek, — dedi Bobur va munshiga yuzlandi: — Bizning nomimizdan qadagʻalar biting.

Munshi darhol qoʻynidan daftar-qalam olib, tikka turgan koʻyicha yoza boshladi.
— Ulugʻbek yaratgan falakiyot amaliy ilmidan xabardor olimlar Hirotdami, Rumdami, Tabrizdami, qayerdaki boʻlsalar, bizning nomimizdan ularni Samarqandga taklif eting. Rasadxonani qayta ochmoqchi ekanligimizni, kimda-kim Mirzo Ulugʻbekning buyuk ishini davom ettirmoqchi boʻlsa barcha imkoniyatlarni yaratib berajagimizni ma’lum qiling. Agar kelsalar yoʻl xarajatlarini biz zimmamizga olurmiz. Bu qadagʻalarni elchilarimiz orqali Hirotga ham, Rumga ham tezda joʻnatmoq sizga topshirildi, janob munshi!

Munshi Bobur aytganlarini daftariga yozib boʻlib:
— Amringizni bajarishga darhol kirishurmen! — deya ta’zim qildi-da, Chinnixonadan pastga tushib ketdi.

* * *

Mavlono Fazliddin sarkor boʻlib, Bogʻi Maydonning koʻmilgan ariqlarini qayta kavlatishda, qurigan daraxtlarni olib tashlab, oʻrniga maysa va gullar oʻstirishda, Chinnixonani ta’mirlab orasta qilishda uncha qiynalmadi — insof bilan haq toʻlansa ishlab charchamaydigan hunarpeshalar, bogʻbon va dehqonlar juda koʻp edi. Lekin ustalarni rasadxonaga olib borib ishlatish va uch qavatli ulugʻvor doirashakl binoning nuragan, buzilgan joylarini ta’mir etish benihoya mushkul boʻldi. Tepadan yer qa’riga tushib ketgan yarim doira shaklidagi zinapoyalarga yaqin borgan ustalar xuddi hozir jahannam qa’riga qulab tushadigandek qoʻrqa boshlardi. Dindorlar rasadxonani: «Doʻzaxiylar makoni, kim unga kirsa jin chalib, arvoh urib ketadi!» deb, aholining katta bir qismini bunga ishontirib qoʻygan edilar. Ulugʻbekning vafotidan soʻnggi oltmish yil ichida juda koʻp maktab va madrasalar bekilgan, savodsiz johil kishilar koʻpayib ketgan, ularga mutaassib shayxlarning ta’sirlari benihoya kuchaygan edi.

Shunday boʻlsa ham mavlono Fazliddin ishsiz yurgan usta va korgarlar[10]ga yaxshi haq toʻlab, dastlabki kunlari elliktacha odamni rasadxonadagi ta’mir ishlariga olib chiqdi. Ikkinchi-uchinchi qavatning shift va devorlaridagi nuragan joylarini tuzatish uchun havozalar qurildi. Lekin oʻsha kundan boshlab rasadxona atroflarida johil qalandarlar toʻdasi ham koʻpayib ketdi. Ular davra tortib, zikr tushib, «Haq doʻst yo ollo!»ni muttasil takrorlab, choryorlarning ruhiga shak keltirganlarini arvoh urishini she’rga solib, «karomat» qila boshladilar. Bu qalandarlar orasida shayboniyzodalarning josuslari ham bor edi. Ana shu josuslardan biri korgar boʻlib yollanib, rasadxonaning ichida gʻisht tashib ishlamoqda edi.

Bu josus uch-toʻrt kun ta’mirchilar ichida yurib, ularning eng dadili va Bobur mirzoga ixlosmandi, qirq besh yoshlardagi bir koshinkor usta ekanini aniqladi. Xonlar josusi mana shu ustani uchinchi qavatda havoza ustida ishlayotgan paytida kishi bilmas qilib havozadan past-ga itarib yubordi. Uchinchi qavatdan tosh uyumi ustiga boshi bilan qulab tushgan usta oʻsha zahoti jon berdi.

Koʻchalarda zikr tushib yurgan qalandarlar: «Ustani arvoh urdi!», «Xudo gʻazabini koʻrsatdi!» deb vaysay boshladilar. Bu falokatdan soʻng qolgan usta va korgarlar rasadxonaga kelmay qoʻyishdi. Mavlono Fazliddin ishga zor boʻlib yarim och yurgan boshqa usta va korgarlarni yollamoqchi boʻlsa, nuqul: «Rasadxonada ishlab topilgan pul harom emish! Borgan odamni arvoh urib oʻldirarmish!» degan vahimali gaplar eshitar, omi odamlar undan balodan qochganday qochar edi...

* * *

Boʻstonsaroyning tillakori qabulxonasida Amudaryo boʻyidagi Urganch va Qorakoʻl shaharlaridan xushxabarlar bilan kelgan bek va a’yonlar sharafiga ziyofat berilmoqda edi. Shayboniyzodalardan koʻp jabr koʻrgan bu shaharlar ham Boburni oʻzlariga oliy hukmdor deb tan olishgan va qimmatbaho sovgʻalar berib yuborishgan edi. Oʻz vaqtida Shayboniyxon Qorakoʻl va Urganchni zabt etish uchun oylar davomida jang qilgan, behad koʻp qon toʻkib ularni olgan edi. Mana endi bu shaharlar jangu jadalsiz elchi yuborib, Bobur tomoniga oʻtganligi unda zoʻr bir iftixor tuygʻusini uygʻotdi. Bobur yoshlikdan koʻngliga tukkan orzusiga — butun Movarounnahrni birlashtirish, Ulugʻbek davridagi ulkan davlatni qayta tiklashga mana endi muyassar boʻlayotganidan benihoya shod. Qunduzda birinchi marta boshlangan ichkilik bazmlari Samarqandda davom etib, avjiga chiqmoqda. Erishilayotgan gʻalabalar sharafiga bek va a’yonlar navbatma-navbat ziyofat berishib, Boburni deyarli har kuni taklif qilishadi, unga eng nodir, eng ajoyib maylarni ichirib, xursand qilishda bir-birlaridan oʻzishga intilishadi.

Faqat Qosimbek hamon ichkilikni ogʻziga olmas, paytini topsa Boburni ham hushyorlikka undar, mamlakat ichida qora kuchlar bosh koʻtarayotganini, shimoldagi dashtda esa shayboniyzodalar hayot-mamot jangiga tayyorlanayotganini takror-takror eslatar edi.

Lekin Bobur unga javoban soʻnggi paytda yozgan bir gʻazalidan toʻrt satr oʻqib berdi: Yoz fasli, yor vasli, doʻstlarning suhbati,
She’r bahsi, ishq dardi, bodaning kayfiyati.
Yoz faslida chogʻir ichmakning oʻzgacha holi bor,
Kimga bu nash’a muyassar boʻlsa bordir davlati.
Bu gʻazalga kuy bastalanib, qabul marosimlarida ham aytiladigan boʻlgan edi. Shirakayf Bobur:
— Janob Qosimbek! — dedi. — Eshitdingizmi, Samarqand maktablarida bolalar men ixtiro qilgan xat bilan juda tez savodxon boʻlmoqda emishlar. Mana, mudarris janoblaridan soʻrang...

Boshida sallayu qoʻlida may toʻla qadah bilan ta’zim qilib turgan mudarris:
— Janob Qosimbek, — dedi, — xalqimizni jaholat panjasidan qutqarib olishda hazratim ixtiro qilgan Xatti Boburiy ajoyib bir vosita boʻlishi aniq! Qur’on xati gar-chi biz uchun aziz, ammo zeru zabarlari, shikasta usullari savod chiqarishga behad mushkul. Xatti Boburiy esa zeru zabarsiz, oʻrganishga oson.

Qosimbek Boburning bundan uch yil oldin Kobulda ixtiro qilgan xati Sirdaryo boʻyidagi Sigʻnoqdan topilgan qadimiy turkiy yozuvga[11] asoslanganini bilar edi. Arab yozuvini «Qur’on xati muqaddas», deb hisoblaydigan ruhoniylar islom dinidan oldin tarqalgan qadimiy yozuvlarni qattiq qoralab, topilgan joyida oʻchirib tashlashni buyurar edilar. Bobur esa buni jaholat hisoblar, qadim zamonda ixtiro qilingan turkiy yozuvning dinga aloqasi yoʻqligini aytar, Xatti Boburiyni shuning uchun xalq orasida tarqatmoqchi boʻlar edi.

Ichkilik bazmi paytida bu murakkab mavzularda gapirishni yoqtirmaydigan Qosimbek oradan ikki kun oʻtgach, devoni xosda oʻtirgan Boburning huzuriga mavlono Fazliddin bilan Xatti Boburiyni tarqatib yurgan mudarrisni boshlab kirdi.

Ularning uchovi ham allanarsadan juda bezovta ekanini sezgan Bobur:
— Tinchlikmi, janoblar? — dedi.
— Hazratim, — dedi mudarris. — Xatti Boburiyni targʻib qilib maktab ochgan bir maktabdorni avboshlar toshboʻron qilib oʻldirmishlar.
— Oʻldirmishlar?! — deb Bobur oʻrnidan turib ketdi.— Bu ne jaholat, janob Qosimbek? Bizga qarshi gʻulumi?!
— Hazratim, mutaassib shayxlar bilan qalandarlar hamma joyda bizga qarshi ish olib bormoqdalar. Rasadxonada bir usta havozadan yiqilib oʻlgandan beri ta’mir ishlariga odam yollash mumkin boʻlmay qoldi. Masjidda va’z aytgan mullalar Xatti Boburiyni «Shoh Ismoil yuborgan shialar xatti» deb e’lon qilgan emishlar. Shu ovoza butun shaharga tarqalib, oxiri haligi maktabdorning toshboʻron boʻlishiga olib kelmishdir.
— Bu yolgʻon ovozani tarqatganlarni nega hibsga olmadingiz? — qahr bilan soʻradi Bobur. — Axir bu xatning Shoh Ismoilga mutlaqo aloqasi yoʻq-ku.
— Xoʻja Xalifa shuni masjidi jomeda minbarga chiqib aytmoqchi boʻlgan ekan, «Yolgʻon! Kofirlar xati harom! Qur’on ursin sen Xalifani!» deyishib, johillar uni minbardan tortib tushirmishlar. Agar Tohirbek boshliq soqchilarimiz Xoʻja Xalifani qutqarib qolmasalar, johillar uni ham oʻldirishlari mumkin ekan. Avboshlardan yigirma-oʻttiztasini hibsga oldik. Ammo Xoʻja Xalifaga qarshi va’z aytgan mullalar Xoʻja Ahrori valiyning avlodlaridan ekan. Ularni sizdan bemaslahat hibsga olishga jur’at etmadim.

Bobur ahvolning naqadar jiddiylashib ketganini endi sezdi. Xoʻja Ahror avlodini hibsga olish — yonay deb turgan olovni puflab alangalatish bilan barobar edi.
— Qoʻshinning kayfiyati ham yaxshi emas, hazratim,— deb davom etdi Qosimbek. — Hozir ichak uzildi payt, narx-navo koʻtarilgan. Shayboniyzodalar chiqargan oltin-kumush tangalarning vazni biz chiqargan tangalar vaznidan ortiq boʻlganligi uchun ularning bozori chaqqon. Beku navkarlar ulufani oshirishni talab qilmoqdalar. Ularga ulufa oshirilsa, xazinada pulimiz yetmas.
— Undoq boʻlsa taklifingiz nedur?
— Taklifim shuki, hazratim, beklarni darhol mashvaratga toʻplab, favqulodda choralar koʻrmoq lozim.
— Bilamen, beklar dashtda izgʻib yurgan shayboniyzodalarga qarshi urushmoq qasdidalar. Yangi viloyatlar olinsa, beku navkarlar oʻljador boʻlurlar. Besh oydan beri Samarqandda jangsiz turib qilichlari qonsiragan.
— Ularning kasblari urush boʻlgandan soʻng bekor turgilari kelmaydi-da. Hozir shayboniyzodalar shimoldan Buxoroga yaqinlashib kelmoqda emishlar.
— Aniq axborot bormi?
— Koʻrgan odam kelib aytdi. Sarkardalari Ubaydulla Sulton emish. Oʻn ming qoʻshini bor emish. Buni Samarqanddagi shayxu qalandarlar ham eshitgan boʻlsalar kerak. Shayboniyzodalar tashqarida jonlangan sari ichkarida bular bizni «Shiaga sotilgan rofiziylar!» — deb xalqqa yomonlab, qora kuchlarni qoʻzgʻatmoqdalar.

Bobur mavlono Fazliddin bilan mudarrisga afsusli bir nazar tashladi-da:
— Janoblar, ma’rifat muammolarini bu ahvolda hal etolmaydigan koʻrinamiz, — dedi. — Xatti Boburiyni maktabda oʻqitish hozircha toʻxtatilsin. Rasadxonani ham keyinroq tiklagaymiz... Biz endi butun e’tiborni harbiy ishlarga berishga majburmiz.

Mudarris bilan mavlono Fazliddin ma’yus qiyofada orqalari bilan yurib chiqib ketdilar. Qosimbek bilan Bobur Ubaydulla Sultonga qarshi Buxoro tomonga qoʻshin tortib borishning maslahatini qila boshladilar...

* * *

Buxoroga hujum qilgan Ubaydulla Sultonning oʻn ming kishilik qoʻshini Boburning Samarqanddan oʻttiz ming qoʻshini bilan kelayotganidan xabar topib, Qizilqum sahrosiga qarab chekindi. Bobur qoʻshini Buxoro atrofida toʻxtab, dushmanning yana qaytib kelishini kutishi mumkin edi. Lekin dushman askarlari son jihatdan uch barobar kam boʻlgani uchun Bobur uni dadil ta’qib etishga qaror berdi-yu, qoʻshinini qumtepalar orasiga boshlab kirdi. Ubaydulla Sultonga shu kerak edi. Bobur qoʻshinining eng sadoqatli qismi togʻlik joyda yaxshi jang qilib oʻrgangan, otlari choʻlda, qumtepalar orasida durust chopolmaydigan jangchilar edi. Bundan tashqari, shia-sunniy ziddiyatlari Boburga Qunduzda qoʻshilgan yigirma ming kishilik moʻgʻul qoʻshinining ruhiga yomon ta’sir qilgan edi. Ularning orasiga kirib borgan sunniyparast mullalar: «Boburshoh shialar bilan ittifoq tuzib, pok mazhabini bulgʻadi, endi paygʻambarimiz uni emas, sunniyni pok tutgan shayboniyzodalarni qoʻllab-quvvatlagay», degan e’tiqodga koʻplarni ishontirgan edilar.

Barxanlar ichida zambarak ortilgan aravalar qumga botib, otlar yaxshi chopolmay, Bobur qoʻshinining safi chuvalib ketdi. Paytdan foydalangan besh mingga yaqin qunduzlik moʻgʻullar Ubaydulla Sulton tomoniga qochib oʻtib ketdi.

Qizilqumda koʻp yurib, uning pastu balandini biladigan, Koʻli Malik[12] degan joyda otliq jang uchun eng qulay oʻrinlarni egallab yotgan Ubaydulla Sultonning qoʻshini yana toʻlgʻama usulini ishlatib, Bobur qoʻshinining ikki qanotini bukdi-yu, orqasiga oʻtib oldi. Toʻrt tomondan berilayotgan zarbalar ustiga besh ming xoinning birdan yov tomoniga oʻtib ketishi jang taqdirini bir necha soatdayoq hal qilib qoʻydi.

Bobur Qizilqumda magʻlubiyatga uchrab, qolgan-qutgan askarlari bilan Samarqandga, undan Hisorga chekinib borganda qarshisidan Shoh Ismoil yuborgan Najmi Soniy oltmish ming qizilbosh askari bilan tahdidli suratda chiqib keldi.

Ogʻizda Najmi Soniy Boburga yordamga kelgan edi.

Biroq aslida u Boburga jazo bermoqchi edi. U qizilbosh qoʻshinlarining Samarqanddan tez qaytarib yuborilganidan norozi edi. Bobur Movarounnahrda mustaqil davlat tuzayotganini, uning shialarga yon bosishi — muvaqqat choraligini xufiyalar Shoh Ismoilga allaqachon yetkazgan edilar. Shoh Ismoil Movarounnahrga oid hamma ishlarni Najmi Soniyga ishonib topshirgan edi. Najmi Soniy shayboniyzodalarni bartaraf qilgandan keyin Boburni ham hokimiyatdan chetlatishi va Samarqand taxtiga boshqa ishonchli odamni oʻtqazib, Movarounnahrda qizilboshlar hokimiyatini uzil-kesil barqaror qilishi kerak edi.

Bu reja qattiq sir tutilar, Bobur bilan ittifoq hozircha davom etar, ammo kalondimogʻ Najmi Soniy Boburni ham, uning oʻn mingtagina qolgan askarlarini ham nazar-pisand qilmasligi oshkora sezilar edi.

Boburni ikki tomondan chirmab kelgan ikki dahshatli qilich Gʻijduvonda bir-biriga zarb bilan urildi. Najmi Soniydan ixlosi qaytgan Bobur shayboniyzodalarning qoʻli baland kelayotganini sezdi-yu, qonli qilichlar orasidan chiqib, yana Hisor tomonga chekindi.

Bosqinchi qoʻshin sarkardasi Najmi Soniy Gʻijduvon jangida oʻldirildi. Qizilboshlar tor-mor boʻldi, oltmish ming qoʻshinning bir qismi oʻldi, bir qismi asir olindi, omon qolib qochganlarini esa gʻoliblar Amudaryogacha quvib bordilar va daryoga choʻktirib yubordilar.

7

Bundan bir yarim yil avval Xonzoda begim yolgʻiz oʻgʻilchasi bilan Balxdan Qunduzga kelayotganda uning yuragini titratgan noma’lum xavf-xatarlar goʻyo mana shu ogʻir chekinish paytini kutib yotgan ekan.

Tun yarmidan oshgan edi. Boysun orqali Hisorning Qoratogʻiga chekinib kelgan Bobur yetti ming askar va ugʻrugʻi[13] bilan sayhon bir oʻtloqda tunamoqda edi. Xonzoda begim oʻgʻli va kanizi bilan uxlab yotgan oʻtov Boburning chodiriga yonma-yon edi.

Saharga yaqin birdan toʻpolon koʻtarildi. Xonzoda begim otlarning tasir-tusir qilib chopishi va itlarning asabiy hurishidan choʻchib uygʻondi. Gʻazabli tovushlar:
— Ur! Ur!
— Rofiziylarni ayamay qir! — deb qichqirar edi.

Xonzoda begim sapchib turdi. Oʻtov toʻrida xira qorachiroq lipillab yonmoqda edi. Begim qattiq uxlab yotgan oʻgʻli Xurramshohni quchoqlab oyoqqa turgʻizdi.
— Yogʻiy bosdi! Yogʻiy! — deb, oʻgʻliga etigini kiydirib, toʻnining yengiga qoʻllarini tiqayotganda oʻtovning kigiziga allanarsa «tars» etib urildi. Yoy oʻqining charxlangan uchi kigizni kesib oʻtdi, lekin qanoti kigiz juniga oʻralib turib qoldi. Qoʻrqib ketgan Xonzoda begim oʻgʻlini bagʻriga bosdi.

Bu yil oʻn birga qadam qoʻygan Xurramshohning boʻyi onasining yelkasidan oshib qolgan edi. U uchi pastga osilib qolgan yoy oʻqiga qiziqib qarab turardi.

Tashqaridan Boburning sarosimali tovushi eshitildi:
— Toʻfangandozlar qani? Xoʻja Kalonbek! Toʻfang otilsin! Qosimbek! Tohirbek! Haramga qarang! Bolalar tezroq olib chiqilsin! Toʻfang!

Oʻsha zamonning chaqmoqli miltigʻi boʻlgan toʻfang yaqin bir joyda gumburlab otildi. Bobur qizilboshlar bilan ittifoq boʻlib orttirgan bir narsasi — Oʻsha davrning eng zamonaviy quroli boʻlgan mana shu toʻfanglar edi. Hali juda kam tarqalgan toʻfanglar faqat Boburning xos navkarlarida bor edi.

Bir nechta toʻfangning ustma-ust otilgani eshitildi. Xonzoda begim endi sal dadillanib, oʻgʻlining toʻni ustidan bejirim xanjarchasi osilgan kamarini ham bogʻlatdi.

Xurramshoh oʻtovning bir chetiga oʻntacha yoy oʻqi solingan kichkina soqdogʻini osib qoʻygan edi. Onasining qoʻlidan chiqib shu soqdogʻini yelkasiga osdi-da, kamonini qoʻliga oldi.

Onasini vahimaga solgan jang bolada qoʻrquv aralash maroq uygʻotgan edi. U kichikligidan jangovar ruh bilan oʻsgan, tezroq katta boʻlib, urushda botirliklar koʻrsatgisi kelar edi. Samarqandda turgan paytlarida Xurramshoh Bobur togʻasining Buxoro tomonda qilgan janglariga qatnashmoqchi boʻlib, onasining oldidan qochib ham ketgan edi. Lekin Bobur uni bek atkasiga qoʻshib yoʻldan qaytarib yuborgan edi.

Xonzoda begimning Boburga qoʻygan mehri oʻgʻliga ham yuqqan edi. Bolaga dars beradigan va harbiy mashq oʻrgatadigan kishilar hammasi Boburning ixlosmandlari edilar. Xurramshoh onasidan va murabbiylaridan Bobur haqida juda koʻp yaxshi gaplar eshitar, oʻzi ham togʻasini har koʻrganda unga bolalarcha joʻshqin bir mehr va ishonch bilan qarar edi. U togʻasini ogʻir ahvollarga solayotgan shayboniyzodalarni — garchi oʻzining Shayboniyxonga oʻgʻil boʻlishini bilsa ham — kun sayin yomon koʻrib borar edi. Uning tasavvurida, hozir Bobur qarorgohiga hujum qilib kelgan, «Ur, qir!» deb qichqirayotganlar ham oʻsha koʻchmanchi sultonlar edi. Xurramshoh soqdogʻida bor oʻqlarini togʻasining mana shu dushmanlariga qarab otgisi keldi-yu, oʻtov eshigini ochib chiqa boshladi.
— Hoy, shahzoda, toʻxtang!

Xonzoda begimning keksa kanizi yugurib borib bolani kamaridan tutdi-da, ichkariga tortdi. Bola qarshilik qilib kirmadi. Uni uzoqda boʻlgan janglarga yubormagan edilar. Endi jang oʻzi Xurramshoh yotgan joyga yetib kelganda yana qoʻyishmaydimi?
— Qoʻyvoring meni! Hazrat togʻoyimga koʻmak beramen! Qoʻyvoring!

Bu orada Boburning xos navkarlari toʻfang ota-ota, yov otliqlarini ayollar va bolalar yotgan oʻtovlardan uzoqqa surib tashlagan edilar. Tohir Xonzoda begimning oʻtovi oldiga ikkita ot yetaklab keldi:
— Hazrat begim! Shahzoda! Tezroq chiqinglar!

Xonzoda begim sandiq va boʻgʻchalariga qaradi.
— Koʻch-koʻronlar qolurmi?
— E, jon omon boʻlsa, buyum topilur! Chiqing tezroq! Hazratim buyurdilar!

Xonzoda begim kanizi bilan chiqquncha Xurramshoh otlarning kichikroq koʻringan bittasiga minib oldi.

Osmonda shom yegan sakkiz kunlik oy bor edi. Shuning yorugʻida oq oʻtovdan besh yashar Humoyunni bagʻriga bosib chiqqan Mohim begim koʻrindi. Ot ustida turgan Qosimbek tez engashib bolani onasining qoʻlidan avaylab oldi-da, yelkalarini chakmani bilan oʻradi.

Begimning yonida oʻn yashar oʻgʻilchasi Safarni qoʻlidan yetaklab kelayotgan Robiya ham bor edi. Tohir oʻgʻli bilan xotinini tez bir biyaga mingashtirdi.

Qosimbek boshliq ellik-oltmishta xos navkarlarga ayollar va bolalar mingan otlarni oʻrtaga olib, janub tomonga yoʻnaldilar.

Uch tomonni yov halqasi oʻrab olgan, faqat janub tomon ochiqroq edi. Toʻfang gumburlashi, yarador boʻlganlarning dodlashi, otlarning pishqirishi va kishnashi orasidan kimlarningdir asabiy baqiriqlari eshitilardi:
— Hammamiz shu podshoning kasofatiga qoldik!
— Shialarga sotilib bizni xarob qildi!
— Yoʻqolsin Bobur!
— Urugʻini qurit! Qir hammasini!

Xonzoda begim hech narsaga tushunolmay yonida borayotgan Qosimbekdan soʻradi:
— Bu qanaqa yogʻiy?
— Oʻzimizdan oʻt chiqdi, begim! Burnogʻi yil Qunduzda shayboniyzodalardan bizga qochib oʻtgan moʻgʻul beklari isyon koʻtardi! Quzgʻunlar hazratimni uyquda tutib oʻldirmoqchi ekanlar. Xayriyat, Tohirbekning qoʻrchilari payqab qolibdi!
— Falokat ustiga falokat!
— Ha, bular bizdan ikki barobar koʻp. Hammasi oldindan tayyorlanib chiqqan! Oʻrtada yuringlar, oʻrtada!

Shu payt isyonchi otliqlar janub tomonga ham chopib oʻtdilar. Oʻsha tomondan Boburning ovozi eshitildi:
— Ustod Ali! Toʻfangandozlarni oldinga boshlang! Oldinga!

Toʻfanglardan otilgan oʻqlar jiba va dubulgʻalarni bemalol teshib oʻtar, shuning uchun fitnachilar toʻfang qarshisida turish berolmas edi. Bobur toʻfanglar va eng ishongan xos navkarlari yordamida yov halqasini janub tomondan yorib oʻtmoqchi, soʻng Bobotogʻning shar-qidagi Hisor qal’asiga yetib olmoqchi edi. Biroq fitnachi beklar uni qal’aga oʻtkazmoqchi emas edilar— ular bu mustahkam qoʻrgʻonni oʻzlari egallash maqsadida isyon koʻtargan edilar.

Uch-toʻrt marta oʻq otilgandan keyin toʻfanglarning quvurlari qizib ketib, ish bermay qoʻydi. Yov saflari sharq tomonda sal siyraklashganini koʻrgan Bobur Xoʻja Kalonbek boshliq mingtacha navkarini oʻsha tomonga tashladi.

Xos navkarlar qurshovida borayotgan Xurramshoh goho qilichlarning bir-biriga shaq-shuq urilganini eshitib qolardi. Bu tungi jang unga juda qoʻrqinchli tuyulsa ham u vahimani yengishga tirishardi. Togʻasiga shunday paytda suiqasd qilgan xoinlarning hech boʻlmasa bittasini soqdogʻidagi oʻqlari bilan otib yiqitgisi kelar edi.

Yov qurshovini yorib oʻtayotganlarida bolalar va ayollarni oʻrab borayotgan navkarlar ham jangga tushishga majbur boʻldilar. Shunda Xurramshoh ularning yoniga kirdi-yu, otining jilovini qoʻyib yuborib, kamonidan ustma-ust uchta oʻq otdi. Xonzoda begim tungi toʻpolonda uni bir lahza koʻzdan yoʻqotib qoʻydi. Keyin bolaning navkarlar yonida oʻq otayotganini koʻrib, otini unga tomon choptirdi. U oʻgʻliga yetib borgan ham ediki, qarshidan otilgan bir daydi oʻq bolaning oʻng biqiniga «shart» etib sanchildi. Xurramshoh ingrab, kamonini qoʻlidan tushirib yubordi va egardan ogʻib tusha boshladi.
— Voy, bolam! — deb Xonzoda begim qichqirib oʻgʻliga tomon intildi.

Tohir ham shu yaqin joyda edi, otidan sirgʻalib tushayotgan Xurramshohni ushlab qoldi, soʻng uni egari ustiga koʻtarib oʻtqazdi.

Bola behush edi. Tohir bilan Xonzoda begim uni Boburning ovozi kelayotgan tomonga olib chopdilar. Bu tomonda yov qolmagan, Xoʻja Kalonbekning navkarlari podshoh uchun yoʻl ochib, uning ketidan haram ahlini ham olib oʻta boshlagan, orqadan ta’qib etishga uringan dushmanlarning esa yoʻlini toʻsgan edilar.

Bobur Hisor qoʻrgʻonidan voz kechib, Vaxsh vodiysi tomonga yoʻl olganini sezgan fitnachilar uni boshqa ta’qib etmay, orqaga qaytdilar va shohona chodirlar ichida egasiz qolgan boyliklarni talashga tushdilar.

Tong yorishib qolgan edi. Bobur yarador jiyanini qoʻliga olar ekan, uning biqinidan issiq qon oqayotganini sezdi.
— Tabibni chaqiring! — qichqirdi u. — Tabib!

Podshohning xos tabibi bolani chakman ustiga yotqizib, yarasiga dori qoʻyib bogʻladi. Xurramshoh hamon hushiga kelmas, faqat oʻqtin-oʻqtin ingrar edi.

Uning biqiniga sanchilgan oʻq oʻpka va qorin oraligʻidagi pardani yirtib, ichki a’zolariga yomon zarar yetkazgan edi. Tabib unga mumiyoyi asildan suv bilan ichirmoqchi boʻldi. Biroq behush bolaning tomogʻidan suv ham, dori ham oʻtmadi. Xonzoda begim buni koʻrdi-yu, bolasini quchoqlab, qichqira boshladi:
— Xurramjon! Yolgʻizim! Xurramim!

Bolaning koʻzlari ola-kula boʻlib bir ochildi, ke-yin qorachiqlari tepasiga qarab ketdi-yu, kipriklari yarim yumuq holda toʻxtab qoldi.

Bobur bolaning jon berganini sezdi-da, opasini quchoqlab, jasadning tepasidan olib ketmoqchi boʻldi. Lekin Xonzoda begim uning qoʻlidan yulqinib chiqdi. Oʻgʻlining oʻlganiga ishongisi kelmas edi. U bolasini quchoqlab dast koʻtardi-yu, dod solib, yana uni chaqira boshladi:
— Xurram! Xurramjon, qanisan? Qanisan, bolam! Bolam qani?!

Bobur hoʻngrab yigʻlar ekan, bolani opasining qoʻlidan oldi-da, yana chakman ustiga yotqizdi. Qosimbek bolaning yarim ochiq qolgan koʻzlarini yummoqchi boʻlib, qoshlarini siladi, kipriklarini yotqizishga urinib koʻrdi. Lekin kipriklar yotmadi, murgʻak koʻzlar yarim ochiqligicha qoldi. Xonzoda begim oʻgʻlining oʻlganiga endi ishondi-yu, oʻzining chakkalariga musht urib yigʻladi:
— Seni bu yerlarga olib kelmay onang oʻlsin, bolam! Seni asrab qololmagan onaginang oʻlsin!!!

Bobur opasining musht boʻlib tugilgan qoʻllarini ikki qoʻliga oldi-da, yuzini yuziga qaratdi.
— Qargʻash kerak boʻlsa meni qargʻang! — dedi. — Siz yana mening kasofatimga qoldingiz! Ajalda adolat boʻlsa bu begunoh boladan avval men gunohkorni olsin edi! Buni ikki qilich orasiga men olib kirdim! Sizlarni dinu mazhab balosiga men giriftor qildim!

Qosimbek Boburning yelkasidan quchoqladi. U burnogʻi yil Qunduzda moʻgʻul beklarining Boburga qarshi fitnasi ilk bor ma’lum boʻlganda oraga tushib xato qilganini, bugungi gʻilu — Oʻshanda kesib tashlanmagan yaraning patosi ekanini oʻyladi:
— Gunohkorni izlasangiz, hammamiz ham aybdormiz, hazratim! Dunyo oʻzi shundoq yaratilgan boʻlsa biz qandoq qilaylik?!

Xonzoda begim yana oʻgʻilchasining jasadini quchoqladi:
— Toʻydim bu dunyodan! Bas! Toʻydim! Meni bolam bilan birga koʻminglar!..

Xurramshohning jasadini archadan yasalgan tobutga solib, shu kuni kechgacha qoʻlma-qoʻl koʻtarib bordilar. Keyin uni Pomir togʻining etaklaridagi koʻkalam bir tepalikka koʻmdilaru qabri ustiga oq bayroqcha qadab qoʻydilar.

Tirik murdaga oʻxshab qolgan Xonzoda begimni bir amallab Qunduzga, undan Kobulga olib ketdilar.

Kobul - Toshgan Daryo Oʻzan Izlaydi

1

Kechki payt Kobul qal’asining janubidagi koʻldan bir toʻp oʻrdak uchdi. Koʻl boʻyidagi boʻliq oʻt-oʻlanlar orasida pisib oʻtirgan mirzo Humoyun kamondan ketma-ket ikkita oʻq otdi. Osmonga koʻtarilib borayotgan tumshugʻi uzun oʻrdaklardan biri toʻpidan ayrilib pastlay boshladi, soʻng qanotlarini majolsiz yoyib, koʻlning narigi chetiga qulab tushdi.

Koʻlning oʻsha tomonida podshohning sakkiz eshkakli, soyabonli kemasi yurgan edi. Humoyun bu yoqdan to otlanib, atkasi va mulozimlari bilan koʻl sohilini aylanib oʻtib borgunicha kemadagilar oʻq tekkan oʻrdakni suvdan olib, qirgʻoqqa chiqdilar.

Ularning orasida Bobur ham bor edi. Humoyun oʻzi otgan oʻrdakni otasi qoʻliga olib qarayotganini koʻrdi-yu, otidan sakrab tushdi va ancha berida ta’zim qilib toʻxtadi.

Bobur oʻrdakning toʻshiga qadalib qolgan yoy oʻqini keskin bir harakat bilan sugʻurib oldi-yu, oʻgʻliga koʻzlarini suzib qaradi:
— Bu oʻq senikimi?

Humoyun otasinnig kayfi borligini sezdi. Bobur soʻnggi paytlarda koʻp ichadigan boʻlgan, bugun ham ulfat beklari bilan kemada chogʻir ichib oʻtirgan edi. Humoyun koʻl va uning atroflari podshohning daxlsiz, xos yerlari ekanini esladi. Otasi oldida odobsizlik qilib qoʻyganday koʻzlari javdirab:
— Hazratim, — dedi, — afv eting, bemavrid oʻq otmishmen.
— Ammo oʻqni yaxshi otmishsen, — deb Bobur oʻgʻliga endi kulimsirab gapirdi. — Ma, haloling boʻlsin!

Humoyun chap qoʻlini koʻksiga qoʻyganicha, oʻng qoʻli bilan ovini otasidan oldi-yu, mulozimlaridan biriga berdi.

Boburdan orqaroqda turgan koʻzlari katta-katta ozgʻin qora yigit — Hindubek tigʻiz oq tishlarini ochib kuldi:
— Amirzodam merganlikda hazrat otalariga tortmishlar.

Shirakayf Xoʻja Kalonbek bu gapga darhol qoʻshildi:
— Padari buzrukvorga munosib oʻgʻil!

Bobur esa bir chetda jim qoʻl qovushtirib turgan Qosimbekka mamnun nazar tashladi. Yoshi oltmishdan oshib, eshik ogʻaliq lavozimidan ketgan Qosimbek hozir Humoyunga atkalik qilmoqda edi. Boburning oʻziga shuncha yil sodiq xizmat qilgan bu odam endi boʻy yetib kelayotgan Humoyunni ham otalarcha mehr bilan tarbiyalayotgani bilinib turardi.
— Janob Qosimbek Humoyunga merganlikdan yaxshi ta’lim bermishlar, — dedi Bobur. — Biroq amirzodam chavandozlikda nechuklar?

Qosimbek Humoyunga «javob bering» deganday qilib qaradi. Humoyun koʻzlari goʻyo ilhom bilan yonib:
— Hazratim, ijozat bering, — dedi-da otlarni qoʻli bilan koʻrsatdi. Bobur uning soʻnggi yillarda oʻrgangan chavandozlik mashqlaridan birini koʻrsatmoqchi ekanini sezdi.
— Qani, qani, — dedi maroq bilan.

Humoyunning yoshi oʻn uchga borib, boʻyi otasining boʻyiga yetay deb qolgan. Yurish-turishi ham Boburning oʻsmirlik paytini eslatar edi. Qosimbekning ishorasi bilan navkarlar ikkita yuvoshroq otni bir chetga yetaklab chiqdilar-da, yonma-yon tutib turdilar. Humoyun oʻzining seryol qora qashqa otiga sakrab mindi, jilovni keskin burib, xiyol orqaga ketdi. Soʻng narigi ikki otga shitob bilan yaqinlashdi-da, jilovini qoʻyib yubordi. Otlar jips kelganda ikkinchi otning egaridan ikki qoʻllab tutganicha, egardan egarga sakrab oʻtdi. Shunda uchinchi ot joyidan qoʻzgʻalib ketdi. Humoyun mingan otining jilovini tez qoʻlga olayotib, uchinchi otning yuganidan tutgan navkariga:
— Mahkam ushlang! — dedi.

Soʻng tagidagi otni narigisiga jips keltirdi-yu, ikkinchi egardan uchinchisiga sakrab oʻtdi.

Shirakayf beklar davrasidan:
— Ofarin! Tasanno! — degan xitoblar eshitildi.

Humoyun hansirab otdan tushdi-da, otasi tomonga kela boshladi. Bobur oʻzining oʻsmirlik paytida Andijon chorbogʻida egardan-egarga sakrab oʻtolmay oyogʻi yerga tapillab tushganini esladi-yu:
— Tangrim Humoyunni yomon koʻzdan asrasin, — dedi. — Chavandozlikda bizdan oʻtadigan koʻrinadir.
— Hazratim, mirzo Humoyun har ishda sizdan ibrat olishga intilurlar, — dedi Qosimbek.

Bobur oʻngʻaysizlanib bosh chayqadi:
— Mening shahzodaga ibrat boʻlgudek holim yoʻq.

Humoyun otasining ma’yus yuziga taajjub bilan tikildi.
— Nechun, hazratim! Atkam menga barcha janglaringizni aytib berdilar. Rustamu Suhroblar ham, Goʻroʻgʻliyu Alpomishlar ham sizchalik koʻp jang koʻrgan boʻlmasalar kerak!
— Jang hisob emas, amirzodam, jangning natijasi hisob, — dedi Bobur oʻzining magʻlubiyatlarini eslab.

Lekin Humoyun uchun eng muhimi — otasining mislsiz dahshatlarga duch kelib, barcha oʻlimlarni yengib oʻta olgani va hamma qirgʻinlardan omon chiqqani edi. Boburga astoydil ixlos qoʻygan Qosimbek: «Hazratimga duo ketgan, u kishini oʻq olmaydi, tigʻ kesmaydi», derdi va bu sodda e’tiqodini Humoyunning qalbiga ham singdirgan edi. Humoyun otasining Kobul bilan Hirot oraligʻidagi baland togʻlardan odam zoti oʻtolmaydigan qahraton qish kunlarida yurak yutib oʻtganini, koʻpchilik bek va navkarlar holdan ketib, otlar ham yurolmaydigan boʻlib qolgan paytlarda Bobur oʻzi oldinga chiqib, koʻkragigacha qorga botib, hammaga yoʻl ochib borganini, oʻshanda uning qulogʻini sovuq olib, yuzi koʻmirday qorayib, tanib boʻlmas ahvolga kelganini Qosimbekdan yaqinda eshitgan edi.

Humoyun oʻsha paytlarda boʻlgan bir gʻalati hodisani otasidan tasdiqlatib olgisi keldi:
— Hazratim, Kobul chorbogʻida Doʻst degan bir pahlavon navkar sizni tanimay qilich bilan chopgani rostmi?
— Rost. Keyin tanib qolib, qilichini tashlab qochdi. Shukrki, hech shikast yetmadi. Boʻlmasa Doʻst pahlavon tigʻ urgan odam hargiz tirik qolmagay edi.
— Xudoning qudratini qarang-a! — dedi eshik ogʻa Muhammad Doʻlday xushomad ohangi bilan.

Humoyun uning kayfdan qizarib, koʻpchib turgan yuziga noxush nazar tashladi-yu, yana otasiga yuzlandi. U faqat otasi bilan gaplashishni istardi. Bobur toʻgʻrisida Qosimbekdan va boshqa odamlardan shuncha gʻaroyib hikoyalar eshitib oʻsgan bola endi uning oʻzi bilan yurakdan yaqinlashishni istardi.

Lekin Bobur doim davlat ishiyu yozish-chizish bilan band boʻlar, boʻsh qolganda beklari chogʻir majlisini boshlashar, Humoyunga esa ular hali hamsuhbat boʻlolmaydigan yosh bola deb qarashar edi. Biroq Humoyunda otasi bilan suhbatlashish ishtiyoqi kun sayin ortib bormoqda edi.
— Hazratim, bultur Sind daryosining boʻyida yoʻlbars bilan olishgan ekansiz...
— Qaydan bildingiz?
— Hazratimning xonai xoslarida yoʻlbars terisini koʻrdim.

Bobur orqasida turgan beklarga ishora qildi:
— Yoʻlbarsni biz koʻplashib yengganmiz.

Hindubek kulib e’tiroz qildi:
— Hazratim boʻlmaganlarida biz yoʻlbarsga roʻbaroʻ boʻlolmas edik.

Humoyun Hindubekning gapini ma’qullagan kabi bosh irgʻadi va otasiga bolalarcha sof bir iftixor bilan qarab qoʻydi.

Bobur Buxoro atroflarida va Hisorda boshiga tushgan kulfatlarni hamon unutolmas, oʻshandagi magʻlubiyatlar alami avvalgilariga qoʻshilib, yuragini haligacha timdalar, dunyo gʻamlarini xayolidan uzoqlashtirish uchun ham u tez-tez chogʻir ichar edi. Uning ruhi tushib, oʻz taqdiridan ixlosi qaytib yurgan mana shu kunlarda oʻgʻli otasi qilgan yaxshi ishlarni bunchalik e’zozlab tilga olishi Boburga gʻalati ta’sir koʻrsatdi.

Bir lahza u oʻzini oʻsmir oʻgʻlining koʻzi bilan koʻrganday boʻldi. Humoyun faxr bilan tilga olgan voqealar chindan ham boʻlgan voqealar ekanligi toʻsatdan Boburning koʻnglini koʻtardi. Shu daqiqagacha unga butun hayoti qop-qorongʻi bir tun boʻlib tuyulgan boʻlsa, endi u bu tunga goʻyo Humoyunning koʻzi bilan qaradi-yu, qorongʻi osmonning u yer-bu yerida yulduzlar miltillayotganini koʻrdi.

Humoyun otasi bilan yakkama-yakka gaplashgisi kelib, ovozini pasaytirib:
— Hazratim, — dedi, — in’om qilgan devoningizdagi barcha she’rlarni yod olmishmen. Lozim koʻrsangiz imtihon qiling.

Bobur orqaroqda jim turgan bek va mulozimlarga oʻgirilib qaradi. Ular Boburning oʻgʻli bilan gapini tezroq tugatishini va kemaga qaytishini kutmoqda edilar. Lekin Boburga endi chogʻir majlisidan koʻra oʻgʻli bilan birga boʻlish yoqimliroq tuyula boshladi.
— Janoblar, — dedi u beklariga yuzlanib, — bugun bizga kema sayri bas. Endi mirzo Humoyun bilan she’r mashgʻuloti oʻtkazmoqchimen. Ot keltirilsin!

Bobur otlangandan keyin Humoyun ham otiga quvonch bilan sakrab mindi. Ota-bola yonma-yon Kobul arkiga qarab yoʻl oldilar. Qosimbek va boshqa mulozimlar orqaroqda odob saqlab jim bormoqda edilar.

Bobur kemada ichgan chogʻirning tafti va karaxtligi uning yaltiragan suzuk koʻzlaridan bilinar edi.
— Qani, amirzoda, eshitaylik, — dedi u Humoyunga kayf aralash kulimsirab qararkan.

Otasi birga ketayotganidan oʻzida yoʻq quvongan Humoyun Boburning devonidan yod olgan bir ruboiyni shoshilibroq oʻqidi: Ozar ila necha guftigoʻ[14] qilgʻaysiz,
Ozurda boʻlurni justiju[15] qilgʻaysiz.
Munchaki koʻngullarga yetishdi ozor,
May bila magarki shustishoʻ[16] qilgʻaysiz.
Humoyun bu she’r bilan otasining may ichish sababini tushunishligini va hozir kayfi borligi ham uzrli ekanini aytmoqchi edi, Bobur buni fahmladi-yu:
— Ma’qul, ma’qul, — deb kuldi. — Faqat avvalgi ikki satrning vaznini buzibroq oʻqiding. Aftidan, sen bu satrlardagi kinoyani yaxshi fahmlamagansen.
— Qandoq... kinoya? — deb bu satrlarni kamoli jiddiyat bilan oʻqigan Humoyun taajjublandi.
— Kinoyaki, odamlar bir-birlariga ozor beradigan gapni koʻp gapirurlar. Goho ozor beradigan narsani oʻzimiz justijoʻ qilib topurmiz. Undan keyin bu ozorni koʻngildan may bilan yuvmoqchi boʻlib ichishga ruju qilurmiz.

Otasi oʻzining may ichishiga kinoya bilan qarashini Humoyun endi sezdi va yana hayron boʻldi:
— Nechun shunday?
— Sening yoshingda buning sababini tushunib boʻlmas. Men ham oʻttiz yoshimgacha chogʻirga ehtiyoj sezgan emasmen. Sen qalaysen?.. Koʻnglingda chogʻirga ishtiyoq bormi?

Humoyun uyalib bosh chayqadi. Soʻng otasining ichkilikdan shishgan qovoqlariga jiddiy bir qarab oldi-da:
— Men chogʻirni yomon koʻramen, — dedi.

Oʻn uch yoshida Bobur oʻzi ham ichkilikdan hazar qilishini esladi-yu, oʻgʻlining javobini ma’qullab bosh irgʻadi.
— Xoʻsh, nelarni yaxshi koʻrursen?
— Menmi? — deb Humoyun bir lahza oʻylanib oldi. Uning yaxshi koʻrgan narsalari koʻp edi: — Safarda yurishni, sayohatni yaxshi koʻrurmen, yaxshi kitob boʻlsa ertayu kech oʻqigim kelur...

«Bu jihatlari menga oʻxshabdir», dedi Bobur ichida va oʻgʻlining qamchi dastasini tutgan qoʻllariga qaradi. Humoyunning yuz-koʻzi ham, qoʻllari ham Boburnikidan qoraroq edi. Balki janubda tugʻilib oʻsayotgani uchun shundaydir? Lekin panjasining shakli otasinikiga juda oʻxshash. Bobur oʻgʻlining bilagidan olib:
— Qani, kaftingni och, — dedi.

Humoyun qamchini taqimiga qistirdi-da, kaftini otasiga ochib koʻrsatdi. Bobur uning kaftidagi chiziqlarga qaradi-da, keyin oʻz panjasini ochib, oʻgʻlining kaftiga kaftini yonma-yon tutdi. Katta va kichik har ikki kaftdagi koʻndalang chiziqlar bir-birining aynan takrori edi. Otasiga oʻxshashni juda-juda istaydigan Humoyun mamnun jilmaydi. Bobur chuqur tin oldi-da:
— Ilohim, men koʻrgan balolarni sen koʻrmagin! — dedi.
— Lekin men sizning barcha ishlaringizni oʻrganmoqchimen.

Boburning yaxshi-yomon ishlari xayolidan aralash-quralash boʻlib oʻta boshladi. Berahm muhit uni ham shafqatsiz boʻlishga oʻrgatardi. Mana shu Kobul viloyatining oʻzida xirilchi qabilasiga mansub talay odamlar karvon yoʻllarida talonchilik qilganliklari uchun Bobur askarlari tomonidan ayovsiz oʻldirilgan, hazora qabilasining oʻnlab jangovar yigitlari chopqin paytida qirib tashlangan edi... Bobur bu qonli lavhalarni umr kitobi boʻlmish «Vaqoi’»ga birma-bir yozib borar edi. Ammo hali balogʻatga yetmagan va olamga bolalarcha musaffo bir ishonch bilan qarayotgan Humoyunni bunday shafqatsizliklardan mumkin qadar uzoq tutgisi kelardi.
— Sen hushyor boʻl, — dedi Bobur, — mening havas qilib boʻlmaydigan ishlarim ham bor!
— Qaysi ishlaringiz, hazratim?
— Qaygʻuli, fojiali ishlarim. Butun taqdirim...
— Buni bir gʻazalda ham aytmishsiz.

Humoyun yana yoddan otasining satrlarini ayta boshladi:

Har yongʻaki azm etsam, yonimda borur mehnat,

Har soriki yuzlansam, oʻtrumgʻa kelur qaygʻu,

Yuz javru sitam koʻrgan, ming mehnatu gʻam koʻrgan,

Osoyishi kam koʻrgan mendek yana bir bormu?

She’rning gʻamgin va sehrli ohangidan ta’sirlangan Bobur:
— Yaxshi oʻqiding, — dedi oʻgʻliga. — Istaymenki, men koʻrgan qaygʻularu shafqatsizliklarni ilohim sen koʻrmagin.
— Xoʻp, hazratim, men faqat siz bilgan ajoyibotlarni bilsam bas!

Ota-bola suhbatga berilib arkka qanday yetganlarini sezmay qoldilar. Keyin ular darichalari Shohi Kobul togʻiga qarab ochiladigan xushhavo xonai xosda oʻtirganlarida Humoyun qoʻliga qogʻoz va qalam oldi-yu, otasi ixtiro qilgan Xatti Boburiy harflari bilan bir bayt she’r yozdi:

Turklar xatti nasibing boʻlmasa, Bobur, ne tong,

Boburiy xatti emasdur, xatti Sigʻnoqiydurur[17].

Bobur soʻnggi daf’a Samarqandda yuz bergan mash’um voqealarni va Xatti Boburiyni maktabda bolalarga oʻrgatgan muallimning toshboʻron qilib oʻldirilishini eslab «uh» tortdi.

Bir vaqtlar Ulugʻbekni halok etgan yovuz kuchlar uning rasadxonasini qayta tiklamoqchi boʻlgan Boburni ham dinsizlikda va rofiziylikda ayblab, hatto qoʻshinning koʻp qismini shunga ishontirgani Qizilqumdagi magʻlubiyatga zamin yaratgan edi. Shundan beri Bobur oʻzi ixtiro etgan xatni joriy etish fikridan butunlay qaytgan edi.
— Senga buni qaysi mualliming oʻrgatdi? — soʻradi Bobur Humoyunning yozuviga koʻz yugurtirib.
— Mirbadal xattotdan oʻrgandim... Humoyunning yozuvida xato boʻlmasa ham, lekin hali bu xatga qoʻli oʻrganmaganligidan harflar notekis chiqqan edi.
— Senga manzurmi?
— Juda! Belgilari oz. Tez yozish mumkin. Oʻqishi joʻn.
— Unday boʻlsa koʻproq mashq qil. Minba’d menga maktub yozsang, shu xat bilan biti. Men ham senga shu xat bilan javob yozurmen. Maxfiy tutmoq oson boʻlur.

Humoyun podshoh otasi bilan maxfiy xatlar yozishini koʻz oldiga keltirdi-yu, koʻnglida yana issiq bir iftixor tuygʻusi mavj urdi. Otasiga mehri toblanib, uning koʻngliga yoqadigan yana bir ish qilgisi keldi.
— Hazratim, lozim boʻlsa, endi musiqadan bir imtihon qilib koʻring.
— Qani, qani!

Humoyun savdarboshiga afgʻon rubobini keltirishni buyurdi. Soʻng dur va sadaf bilan bezatilgan, togʻlar sadosini eslatuvchi ulugʻvor tovush beradigan bagʻri keng rubobni sozlab, avval navo yoʻlida bir kuy chaldi, keyin savtga oʻtdi. Bobur qulogʻiga juda yoqimli tuyulgan bu savtni darhol tanidi.

«Chorgoh savti» deb atalgan bu kuyni bultur Boburning oʻzi bastalagan edi. Humoyun buni ham izlab topibdi-da! Yoki murabbiylari unga ataylab otasi yozgan she’rlarni yodlatib, otasi bastalagan kuyni oʻrgatib, shu yoʻl bilan podshohdan tahsin eshit-moqchimikinlar?

Murabbiylarda shunday bir xushomad boʻlganda ham Humoyunning oʻzi kuyni samimiy ixlos bilan chalayotgani bilinib turardi. Bola oʻzining boyagi soʻzini — otasining ijodidan ibrat olishga havasi zoʻrligini hozir chindan isbot qilmoqda edi.

Bobur oʻgʻli chalayotgan goʻzal kuyga quloq solib turib, koʻngli zavqli tuygʻularga toʻlib ketdi.

Endi oʻzining hayoti ham unga eng yorugʻ va tiniq tomonlari bilan koʻrina boshladi. Axir u ham bir vaqtlar Humoyun kabi begʻubor, musaffo yoshlik damlarini boshdan kechirmaganmidi? Uning hayoti ham tiniq bir buloq boʻlib oqmaganmidi? Keyin bu buloqning ustiga jarlar qulab, uni loyqalatdi. Lekin hali bu buloq qurigan emas, uning obihayoti Humoyunning qalbini ham obod qilgani mana hozir bilinib turibdi.

Bobur oʻzi bilan oʻgʻlining orasida ajib bir bogʻlanish borligini bugun birinchi marta aniq sezdi. Otaning hayoti oʻgʻlining hayotida aynan takrorlanmasa ham, lekin yangi bir tarzda davom etishi mumkinligiga, agar oʻgʻil astoydil otaga sodiq boʻlsa, unga tortsa, otaning umri oʻgʻilning umriga ulanib ketishiga Boburning endi koʻzi yetdi. Shunday boʻlgach, Humoyunni atkasi, onasi va murabbiylari Boburga ixlosmand qilib tarbiyalaganlari, unga otasining fazilatlarini saralab olib berishga intilayotganlari katta bir ne’mat emasmi? Boburning oʻzi ham oʻgʻliga faqat fazilatlarini ravo koʻradiku. Faqat shundagina oʻgʻil u qilgan xatolarni qilmasligi, u tortgan azoblarni tortmasligi mumkin.

Fazilatlar... Bobur oʻz fazilatlarini bugun oʻgʻli orqali allanechuk saralangan holda koʻrib, koʻngli koʻtarildi, oʻziga birdan hurmati ortdi.

Keyin u Humoyunning atkasi Qosimbekni saroyga chaqirtirib, unga bosh-oyoq sarupo va ot in’om qildi. Shahzodaning boshqa murabbiylari va muallimlari ham katta-katta hadyalar oldilar.
— Senga ne in’om qilay, ayt! — deb Bobur oʻgʻliga kulimsirab tikildi.

Humoyun kitob yigʻishni yaxshi koʻrardi. Uning alohida boʻlmani egallagan xos kutubxonasidan tashqari, xobgohida ham kitob toʻla javonlar bor edi. Toʻshagining bosh tomoniga xushboʻy sandal daraxtidan ishlangan javon qoʻyilgan, otasining she’riy devoni javonning alohida tokchasida yolgʻiz turar edi.
— Yana yangi she’riy kitoblar yozsangiz, — dedi Humoyun otasiga uyalinqirab koʻz tashlarkan, — mana shu alohida tokcha sizning asarlaringiz bilan toʻlsa... Oʻgʻlingizning tilagi shu!

Bobur zavq bilan qah-qah urib:
— E-ha, sening bu tilagingni oʻrinlatmoq uchun men bir umr mehnat qilmogʻim kerak-ku!.. — dedi. — Mayli, «yaxshi niyat — yarim davlat» derlar. Bugundan boshlab sen uchun bir she’riy kitob boshlagaymen. Qani, daftaringni ber...

Humoyun muqovasi oltin suvi bilan ziynatlangan, nafis varaqlariga hali hech narsa yozilmagan yangi daftarini otasiga ikki qoʻllab tutdi.

Bobur xona toʻridagi miz yoniga kelib oʻltirdi-yu, birdan oʻgʻliga mehri toblanib, hayajon ichida:

«Jigarim bilan jonimga payvand farzandim!»— deb yozdi.

Oʻzidagi otalik mehri va Humoyundagi farzandlik sadoqati tojdor otalar va valiahd oʻgʻillar orasida juda kam uchraydigan nodir tuygʻular ekanini, Ulugʻbek bilan Abdullatif orasida boʻlib oʻtgan fojialarga solishtirganda, u oʻz oʻgʻlidagi samimiy hislarni qanchalik qadrlashi, qanchalik asrab-avaylab, kamolga yetkazishi zarurligini shu lahzada butun vujudi bilan his qildi. Qalbini toʻldirgan otalik tuygʻusi she’riy ohang bilan qogʻozga tusha boshladi: «Davlatu baxt bila Humoyun boʻl, komron boʻl, jahonda yuz tuman obroʻyi izzat koʻr!»

Bobur yozishdan toʻxtab oʻrnidan turdi:
— Davomini keyin bitgaymen!.. Kitobning nomi sening ismingga qofiya boʻlgʻusidir!..

Bobur oʻsha yili yozib tugallagan she’riy kitob — «Mubayyin» — Humoyunning nomiga chindan ham qofiyadosh edi. U oʻgʻlining daftariga bitgan ezgu tilaklarini ham shu kitobga she’riy satrlar shaklida joylab, hammasini san’atkor xattotga koʻchirtirdi-da, Humoyunga taqdim qildi.

Humoyun shu vaqtgacha otasidan olgan sovgʻalar orasida eng ulkani va bebahosi — mana shu she’riy kitob ekanini sezib, uni qayta-qayta koʻzlariga surdi...

U arab tilida yozilgan, murakkab fiqx kitoblarini tushunolmay qiynalib yurar edi. Otasi taqdim qilgan «Mubayyin» fiqxning qonun-qoidalarini ravon turkiy tilda goʻzal masnaviylarda ifodalab, Humoyun uchun ham darslik vazifasini bajarar, ham unga she’riy zavq berardi. Eng muhimi, uning otasiga boʻlgan mehri, ixlosi shu kitob tufayli yangi bir kuch bilan oʻsib borardi.

Humoyun oʻn besh yoshga kirganda uning kitob javonida otasining yana bir asari — aruz ilmiga bagʻishlangan «Muxtasar» paydo boʻldi. Humoyunning endigi istagi — otasining oʻsmirlik yillaridan beri yozib yurgan «Vaqoi’» nomli kitobini oʻqish edi. U otasining eng katta, eng maroqli asari mana shu ekanini onasi Mohim begimdan eshitgan edi.

Humoyun oʻn olti yasharligida otasi unga Badaxshon viloyatini berib, askar va savdari bilan Kobuldan kuzatib qoʻydi. Humoyun togʻlar orasida otasi bilan xayrlashayotganda oila a’zolari oʻzaro «Boburnoma» deb atay boshlagan oʻsha «Vaqoi’» kitobidan bir nusxa koʻchirtirib yuborishni iltimos qildi.

Oʻgʻlining boshqa koʻp iltimoslarini soʻzsiz qabul qilgan Bobur bu gal yerga qarab bosh chayqadi:
— Hali u kitob bitgan emas. Oʻlda-joʻlda yotgan asarni koʻchirtirib boʻlmas.
— Qachon bitkurursiz, hazratim? Men intizormen!

Bobur oʻgʻlining yuziga xomush nazar bilan tikildi.
— Koʻp intizor boʻlma. Chunki u kitobning bitishi uchun mening umrim tugashi kerak.

Humoyun seskanib tushdi:
— Nechun bunday deysiz?

«Boburnoma»ning davomi ancha vaqtdan beri yozilmay yurar edi. Qizilboshlar bilan tuzilgan ittifoq, Bobur vataniga begona qoʻshinni boshlab borib, magʻlubiyatga uchraganlari... buni yozish u yoqda tursin, hatto eslashdan ham yuragi bezillar edi. Nahotki umr kitobining soʻnggi bobi shu boʻlsa? Bobur eng yirik asarini bu tarzda yozib tugatolmasligini sezardi. Uni koʻngildagidek tugallash uchun esa oʻsha magʻlubiyatlar zahrini yuvib ketadigan katta gʻalabalarga erishishi kerak edi. Mana endi oʻgʻli Humoyun ulgʻayib, yoniga kiryapti.

U Humoyunning soʻnggi gapdan iztirobga tushganini sezib:
— Mening soʻzimdan tashvishlanma, — dedi. — Men «Vaqoi’»ni umrim boʻyi yozmoqchi boʻlganim uchun shunday dedim. Orzuyim borki, uning kelgusi boblariga sening ham yaxshi ishlaring bitilgay. Zora oʻzim ham... bu kitobning poyoniga yorugʻ yuz bilan yetsam.
— Hazratim, undoq boʻlsa, ilohim «Boburnoma»ni yana ellik yil yozing, yuz yil yozing!
— Oʻshangacha kutishga sabr-toqating yeturmikin?— deb kuldi Bobur.

Humoyun jiddiy turib:
— Tangrim oldida ont ichib aytamenki, sabr-toqatim umrim yetgunicha yetur! — dedi.

2

Kobul daryosining boʻyida Bobur egachisi Xonzoda begim uchun qurdirgan Bogʻi Dilkushoning koʻk marmar koʻshkida mavlono Fazliddin choʻkka tushib oʻltiribdi. Undan pastroqda mavlononing soqol-moʻylovi koʻzga koʻrinib qolgan oʻgʻli odob bilan qoʻl qovushtirib, yerdan koʻzini olmay sukut saqlaydi.

Nafarmon kabo kiygan, yuziga oq harir parda tutgan Xonzoda begim siniq tovush bilan toʻxtab-toʻxtab soʻzlaydi:
— Hammadan koʻra.. Oʻlgan odamga qiyin ekan, mavlono. Oʻlgan qaytib kelmas ekan... Tiriklar... oh-voh qilib, ming kuyib-yonsalar ham, axiri bir kun... tasalli topar ekanlar. Mana, oʻzimdan qiyos...
— Begim, bu zamonda tiriklarga ham oson emas. Mening Andijondan bosh olib chiqib ketganimga yigirma uch yil boʻldi. Shundan beri sizning boshingizga qancha kulfatlar tushdi! Biz qancha balolarni koʻrdik.

Xonzoda begim Andijonda qolib ketgan yoshlik yillarini koʻz oldiga keltira boshladi. Mavlono Fazliddin oʻshanda qanchalik koʻhlik yigit boʻlganiga hozir ishonish qiyin. Azob-uqubatlarga toʻlib-toshgan soʻnggi oʻn yilliklar uning boʻyinlariga ham ajinlardan toʻr solib ketgan, qoʻllarini suyakday qotirib, tomirlarini boʻrttirgan, yelkasini bukchaytib, oltmish yoshlik moʻysafidga oʻxshatib ketgan. Holbuki, u endi ellik uch yoshga kirgani Xonzoda begimga ma’lum edi. «Oʻzimchi?» deb begim har kuni koʻzguda koʻradigan aksini xayolidan oʻtkazdi. Xonzoda begimning old tishlaridan uch-toʻrttasi tushib ketib, lablari burisha boshlagan, sochi siyraklashib, kulrang tusga kirib qolgan edi.

Goʻzal yoshliklari endi hech qachon qaytib kelmasligi, umrlarining eng yaxshi yillari ochilmay soʻlgan gulday umrbod xazon boʻlganligi Xonzoda begimning yurak-bagʻrini timdalab oʻtdi.
— Mavlono, oʻgʻlingiz necha yoshdalar?
— Yigirma birda, begim.

Xonzoda begim halok boʻlgan Xurramshohning tirik boʻlsa hozir yigirma ikki yoshga kirishini esladi. Bu yoʻqotishning unutilmas alami keyingi dardi ustiga qoʻshildi-yu, koʻziga yosh quyilib keldi:
— Ishqilib, oʻgʻlingizning umri uzoq boʻlsin. Men koʻrgan musibat sizning boshingizga hech vaqt tushmasin, mavlono. Men endi tirik qolmayman degan edim. Yolgʻiz oʻgʻlimning ketidan ketaman degan edim. Lekin jonim qattiq ekan.

Mavlono begimning yigʻisidan sarosimaga tushib oʻgʻliga bir qarab oldi. Soʻng begimning xayolini boshqa yoqqa burish uchun oʻzining boshiga tushgan azob-uqubatlardan soʻzlashga tushdi:
— Hirotlar ham juda notinch boʻlib ketdi, begim. Shoh Ismoil shaharni olib, sunniylarni quvgʻin qildi. Keyin yana shayboniyzodalar shaharni bosib olib, shia tarafdorlarini qatagʻon qildi. Shia mozorlarini ochirib, Marvda Shayboniyxonni oʻldirtirgan ruhoniylarning suyaklarini toʻplarga solib ottirdilar. Keyin koʻp oʻtmay, Hirotni yana qizilboshlar ulardan tortib olishdi. Qasd olish qaytadan boshlandi. Hammayoq algʻov-dalgʻov. Kamoliddin Behzod Hirotdan Tabrizga shoh saroyiga xizmatga olib ketildi. Mavlono Xondamir shahardagi toʻpolonlardan bezib, ota yurtlaridagi uzoq bir qishloqqa chiqib ketdilar. Bizga oʻxshagan musofirlarning ahvoli bundan ham battar boʻldi... Oʻgʻlimiz Aloviddin Hirotda sangtaroshlik san’atini oʻrgangan edi. Lekin san’at bilan kimning ishi bor? Axiri, shoir Muhammad Sulton bilan maslahatni bir joyga qoʻydigu Bobur mirzodan panoh istab Kobulga keldik.

Bu gaplar davomida Xonzoda begim koʻz yoshlarini artib, oʻzini ancha bosib oldi:
— Kelib behad yaxshi qilgansiz, mavlono... men sizga bir omonatingizni qanday qaytarishni bilmay yurgan edim.

Mavlono Fazliddin koʻzlari pirpirab:
— Qaysi omonatim? — dedi.

Xonzoda begim ma’yus kulimsirab:
— Hozir, — dedi-yu, oʻrnidan koʻtarildi va toʻrdagi oʻymakor eshikdan ichkariga kirib ketdi.

Koʻp oʻtmay u bir xizmatkorga oq ipak matoga oʻralgan narsani koʻtartirib qaytib chiqdi. Begimning ishorasi bilan xizmatkor haligi narsani mavlono Fazliddinning oldiga qoʻydi-da, ta’zim qila-qila orqasi bilan yurib chiqib ketdi.
— Mavlono, ochib koʻring, — dedi Xonzoda begim.

Mavlono Fazliddin oʻramni sekin ochdi-yu, chetlari sargʻayib ketgan chizmakashlik qogʻozlarini koʻrdi. Soʻng ularni avaylab varaqlar ekan, oʻzining Andijonda qurmoqchi boʻlib, Xonzoda begim bilan bamaslahat chizgan loyihalarini tanidi. Yigitlik orzulari xayolida qaytadan uygʻonib, koʻzlari chaqnab ketdi. Andijonda qurilmay qolgan obidalarning loyihasini shuncha yildan beri asrab olib yurgan Xonzoda begim unga hozir oʻsha oshiqlik paytidagidek nafis va jozibali koʻrindi. Oʻshda, qoyatosh ustida noxosdan begimning belidan olgan paytidagi shirin tuygʻulari uygʻondi-yu, yuragini zavqqa toʻldirdi:
— Hazrat begim, siz menga jonimni qaytarib bergandek boʻldingiz! Moʻ’jizani qarang! Orada shuncha yillar! Shuncha yoʻllar! Shuncha togʻu daryolar!

Mavlono Fazliddinni toʻlqinlantirgan zavq va quvonch Xonzoda begimga ham oʻtdi. Uning tovushida shodlik jarangi eshitildi:
— Rostdan, bu loyihalar menga qoʻshilib juda koʻp balolarni boshdan kechirdi. Men qancha joyga borgan boʻlsam, bular ham bisotlarimu javohirlarim orasida men bilan sargardon boʻlib yurdi. Faqat oxirgi marta Qunduzdan Samarqandga joʻnaganimizda togʻlaru daryolardan koʻp yuk olib oʻtib boʻlmadi. Sandiqlarimdan bir qismi Qunduz qoʻrgʻonida qoldi. Shularning ichida bu loyiha ham qolgan ekan. Samarqandga borib koʻp achindim. Yoz kelsa Qunduzga odam yuborib olib keltirmoqchi edim... Keyin haligi falokatlar boʻldi... Qunduzga qolgani yaxshi boʻlgan ekan. Boshqa sandiqlarimning hammasi Hisorda fitnachi moʻgʻullarning ilkida qoldi... Mavlono, qarang-chi, hamma varaqlari joyidami?

Shunday deb, Xonzoda begim yuzidan harir pardasini boshi ustiga koʻtarib qoʻydi-yu, loyihalarga tikilib qaradi.
— Hammasi joyida! — dedi mavlono Fazliddin uning yuziga minnatdorona koʻz tash-lab. — Samarqandda faqir sizning huzuringizga kirishga jur’at etolmagan edim.
— Oʻzim sizni chorlamoqchi boʻldim. Ammo loyihalar Qunduzda qolganligi uchun andesha qildim...

Mavlono Fazliddin Andijonda Xonzoda begimning suratini ham chizganini, hozir loyihalar orasida oʻsha surat yoʻqligini begimga eslatgisi kelib:
— Balki... Suratlar yoʻqolib ketgandur? — dedi.

Xonzoda begimning yuziga nafis qizillik yugurdi:
— Hali ham musavvirlik qilmoqdamisiz, mavlono?
— Hazrat begim, koʻp yil mashq qilinmasa qoʻl musavvirlikdan chiqib qolar ekan... Hozir faqat me’morlik bilan mashgʻulmen.
— Andijonda chizgan suratlaringizni men alohida saqlamoqdamen, — deb Xonzoda begim mavlononing oʻgʻliga iymanib koʻz tashladi.

Boʻy yetib qolgan bu yigit oldida oʻzlarining yoshlik muhabbatlarini eslatuvchi suratni Xonzoda begim ataylab olib chiqmaganini mavlono Fazliddin endi sezdi.
— Lutfan siz haqsiz, hazrat begim... Oʻsha suratlar endi umrbod sizniki boʻlgʻay!

Buni juda istab turgan Xonzoda begim:
— Saxovatingizdan toabad minnatdormen! — dedi.

Mavlono Fazliddin qoʻlini koʻksiga qoʻyib, odob bilan bosh egdi. Soʻng gapni yana ochiq turgan eski loyihalari ustiga burdi:
— Men endi bularni Hirotda oʻrgangan yangiliklarim bilan toʻldirgaymen. Ana undan soʻng bemalol amalga oshirsam boʻlur... faqat... bu madrasayu qasrlar qaerga qurulmogʻi mumkin? Andijon... uzoqda qoldi. Kobulgami?

Xonzoda begim ma’yus bosh chayqadi:
— Kobul — biz orzu qilgandek qudratli davlat emas, mavlono. «Ulugʻ me’morlik obidalari qurmoq uchun ulkan davlatning qudratiga suyanmoq kerak» deganlar haq ekanlar. Nachora?..

Mavlono Fazliddin oldida ochiq turgan tarhlarga gʻamgin koʻz tikib:
— Ha, taqdir bizni notavon qilib yaratmishdir, — dedi. Ovozi keksalarnikidek gʻijirlab eshitilganini oʻzi ham sezdi-yu, qoʻshib qoʻydi: — Men endi qarib qoldim. Qirgʻinlar, toʻpolonlar, fatoratlar bilan umrim oʻtdi. Lekin nahotki bu hammasi uzluksiz davom etaversa? Axir bir men emas, oʻnlab zakovatli olimlar, hunarpeshalar, shoirlar jaholat dovuli bilan Movarounnahru Xurosondan quvilmishlar. Ilgari qora kuchlar bizni Andijondan quvsalar, Samarqanddan panoh topar edik. Samarqand johillari kun bermasalar Hirotdan najot izlar edik. Endi Andijonu Samarqand ham, Buxoroyu Hirot ham — barchasi koʻchmanchi sultonlaru diniy adovatlar dovulidan zir titramoqda. Dovul uchirgan xazonday vatanidan quvilgan qancha ma’rifatlik olimu san’atkorlar, qancha nodir iste’dodlar behuda hayf boʻlib ketmoqdalar. Bizning vatandan ayrilishimiz — daryoning oʻzanini yoʻqotib, dashtu biyobonga toshib chiqib ketishiga oʻxshaydir. Amudaryo bir vaqtlar shu kuyga tushgan ekanu to oʻziga yangi yoʻl solib, boshqa bir dengizga borib qoʻyilguncha u yoqdan-bu yoqqa bosh urib, toshib yurgan ekan. Biz ham umr boʻyi u yoqdan-bu yoqqa bosh urib munosib oʻzanimizni topolmaymiz. Endi bu kajraftor falak hech boʻlmasa farzandlarimizga rahm qilsin! Biz boʻlmasak, bular oʻzlariga munosib oʻzan chopib, yangi bir madaniyat dengiziga borib quyilsinlar!

Umr boʻyi oʻz ijodiy rejalarini amalga oshirolmay kuyib yurgan iste’dodning bu alamli nidosi Xonzoda begimni titratib yubordi.
— Mavlono, faqat siz emas, Bobur mirzo ham oʻzanini yoʻqotgan daryodek bezovtalar!
— Bilamen, taqdir ul hazratga ham oʻgaylik qilmishdir!
— Ammo Bobur mirzo sargardon boʻlib yurgan iste’dodlar daryosini bir joyga yigʻmoqchilar, nasib boʻlsa, ilmu san’atning yangi bir dengizini barpo qilmoqchilar.
— Biz uchun soʻnggi umid hali ham Bobur mirzodirlar. Shuning uchun oʻgʻlim bilan Kobulga keldik.
— Qaerga joylashdilaringiz, mavlono?
— Jiyanim Tohirbeknikiga tushdik. Oʻzi safarda ekan...

Ota-bola ikkovlari ham eski kiyim kiyishgan, rang-larini juda oldirib qoʻyishgan. Ularning moddiy jihatdan ham qiynalib yurganlarini sezgan Xonzoda begim yana oʻrnidan turib, ichkari xonaga kirib ketdi. Qabosining choʻntagidan kalit olib, tokchada turgan poʻlat sandiqni ochdi.

Inisi Bobur mirzo Xonzoda begimga eng nufuzli a’yonlari qatori ulufa tayinlagan edi. Har oyda xazinadan charm hamyonga solingan ming dinor oltin kelib turar edi. Xizmatkorlar begimga berilgan mulkning ekin-tikini bilan tirikchilik oʻtkazishardi. Begimning bir oʻziga koʻp pul ketmas, shuning uchun xazinadan kelgan oltin toʻla hamyonlarning anchasi poʻlat sandiqda taxlanib turar edi.

Xonzoda begim mavlono Fazliddinning kichikroq bir hovli va ot sotib olishi, kiyim-kechagi, uch-toʻrt oylik tirikchiligi uchun qancha pul ketishini chamalab koʻrdi-da, ming dinorlik hamyonlaridan ikkitasini oldi. Soʻng ularni boyagi xizmatkorga berib, oltin barkashda koʻtartirganicha ota-bolaning oldiga qaytib chiqdi.

Mavlono Fazliddin hamyonni koʻrib, xijolat cheka boshladi. Xonzoda begimdan pul olish unga ogʻir edi.

Xonzoda begim mavlono Fazliddinning kichikroq bir hovli va ot sotib olishi, kiyim-kechagi, uch-toʻrt oylik tirikchiligi uchun qancha pul ketishini chamalab koʻrdi-da, ming dinorlik hamyonlaridan ikkitasini oldi. Soʻng ularni boyagi xizmatkorga berib, oltin barkashda koʻtartirganicha ota-bolaning oldiga qaytib chiqdi.

Mavlono Fazliddin hamyonni koʻrib, xijolat cheka boshladi. Xonzoda begimdan pul olish unga ogʻir edi.
— Mavlono, bu hamyonlar Bobur mirzoning xazinalaridan kelmishdir. Oʻzlari boʻlmaganliklari uchun ulufalarini men sizga topshirmoqchimen. Biri — Oʻgʻlingiz Aloviddinga. Marhamat! Olingiz!

Aloviddin qoʻlini koʻksiga qoʻyib, endi birinchi marta ogʻiz ochib gapirdi:
— Rahmat, hazrat begim, biz sizdan behad minnatdormiz!

Uning yoqimli tovushi va soʻzlarni mayin talaffuz qilishi mavlono Fazliddinning yigitlik paytini eslatar edi... Shu tufayli ota-bola ikkovi ham begimga benihoya aziz koʻrinardi.

3

Amudaryo tomondan togʻ oshib uchib kelgan turnalar Kobulning ustidan janub-sharq tomonga oʻtmoqda edilar. Arkning tillakori ayvonida Mohim begim bilan nonushta qilib oʻtirgan Bobur turnalarning qisqa va sirli tovush bilan «qurey»lashini eshitdi-yu, oʻrnidan turib, ayvon chetiga bordi va osmonning ovoz kelayotgan tomoniga tikildi... Koʻkda egilib-chayqalib kelayotgan bir shoda qora marjonni koʻzlari bilan qidirib topgandan keyin turnalarning tovushi unga goʻyo aniqroq eshitila boshladi.

Goʻzal va tiniq «qur-ey», «qur-ey»larda qandaydir horgʻinlik ohanglari borga oʻxshardi va turnalarning uzoq-uzoqlardan uchib kelayotgani esga tushar edi. Balki ular shu kelishda Andijonning ustidan uchib oʻtirgandirlar? Yoki Toshkent va Samarqand atroflaridagi so-kin suvlar boʻyiga qoʻnib dam olgandirlar?

Bu oʻydan Boburning qalbini alamli bir sogʻinch tuygʻusi chulgʻab oldi. Hatto shu turnalar koʻrib kelayot-gan joylarni u endi borib koʻrolmaydi. Koʻli Malikda va Gʻijduvonda yengilib, Hisorda fitnachilar xiyonatidan abgor boʻlib qaytganiga, mana, oʻn uch yil boʻlyapti. Bobur shundan beri qaltis harbiy yurishlardan oʻzini tiyib yuribdi. Moʻgʻul beklarining xiyonatlarini Qunduzdayoq bila turib, yana oʻshalarga va qizilboshlarga tavakkalchilik bilan suyanib ish qilgani uning vataniga qaytadigan barcha yoʻllarini bekitib tashlagan edi.

Turnalarning uzoqlashib soʻnib borayotgan tovushlari ta’sirida Boburning koʻngliga: «Endi tugʻilib-oʻsgan yurtingga umrbod qaytolmaysan!» degan alamli oʻy keldi-yu, yuzi birdan tundlashdi. Orqasiga oʻgirilib, savdarboshiga chogʻir keltirishni buyurdi.

Mohim begim dasturxon yonidan Boburga tomon kelar ekan:
— Hazratim, ertalabdan chogʻir? — deb taajjublandi. Hozir farzandlaringiz salomga kelurlar... Ana, mirzo Hindol atkalari bilan kelmoqdalar.

Boshiga kichkina ipak salla oʻragan, murassa’ kamariga kichkina qilich taqilgan sakkiz yoshli mirzo Hindol ayvonning baland zinapoyasidan kattalarday qoʻl qovushtirib, ta’zim qilib chiqdi. Otasi buni koʻrib beixtiyor jilmaydi. Hindolni yelkasidan quchib erkalatdi, keyin uni yoniga olib, zarbof koʻrpacha ustiga oʻltirdi.
— Qilich taqib olibsiz, amirzodam, jangga bormoqchimisiz? — deb hazillashdi.

Hindol katta-katta koʻzlarini chaqnatib Mohim begimga bir qarab oldi. Mohim begim «Ayting!» deganday bosh irgʻadi. Shunda Hindol burro til bilan otasiga:
— Meni ham olib boring, — dedi.
— Qayerga?
— Hin... Hindistonga.
— Hindistonda nima qilmoqchisiz?
— Yoʻl... yoʻlbarsni koʻramen...
— Ana xolos! — deb Bobur kuldi. — Biz sizga Hindol ismni bersak, siz faqat Hind yoʻlbarsini tomosha qilmoqchisiz xolosmi?

Bola qizarib:
— Yoʻq, — dedi va jajji qilichining sopini qisimiga oldi. — Agar yoʻlbars... «eyman» desa, men mana shu qilich bilan uni uramen!

Bobur Hindolni yana yelkasidan quchib erkalatdi:
— Barakallo! Unday boʻlsa sizni Hindistonga albatta olib borurmiz...

Shu payt ayvon zinapoyasidan oltin koʻzachada chogʻir olib chiqayotgan sharbatchi koʻrindi. Mohim unga qoʻli bilan «Qayting!» ishorasini qildi. Sharbatchi Boburga qoʻrqa-pisa koʻz tashladi-da, uning oʻgʻli bilan ovunib, chogʻirni esidan chiqarganini sezdi va zinadan sekin qaytib tushib ketdi. Bobur Hindoldan xat-savodni qanchalik oʻrganganini, qanaqa she’rlar yod bilishini soʻradi.
— Men qur’on oyatlaridan yod bilurmen. Kulhu ollohu ahad...
— Hindolning she’rga unchalik ishi yoʻq, — deb izoh berdi Mohim begim. — Bunga oʻyin boʻlsa, yoydan oʻq otsa, ot chopsa bas. Kitobga xushi yoʻq.
— Balki yoshi kichik boʻlgani uchundur?
— Gulbadan bundan uch yosh kichik. Ammo savodi Hindoldan yaxshi. Hozir koʻrursiz... Qizcha kitobga shunchalik oʻchki, taajjubdan yoqamni ushlaymen.

Bobur oʻychan tovush bilan:
— Nahot Hindol oʻsha togʻalariga tortsa? — dedi.

Boburning bu soʻzlarida qanchalik murakkab ma’no borligini faqat Mohim begim tushunardi. Chunki Hindol Mohim begimdan emas Boburning kichik xotini Dildor ogʻachadan tugʻilgan edi. Shariat beradigan ruxsat boʻyicha Bobur ham uch xotinlik boʻlib olgan, avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan bu berahm odat Mohim begimni qanchalik ezmasin, alamini ichiga yutib chidab kelar edi. Boburning ikkinchi xotini Gulruh begimdan Mirzo Komron va Mirzo Askariy otliq ikki oʻgʻil tugʻildi. Bular Humoyundan keyingi taxt vorislari edilar. Gulruh begim shu sababli Mohim begimga kundoshlarcha sovuq muomala qilar edi. Uch xotin Kobulning uch chekkasida har biri alohida koʻshkda tursa ham bir-birlarining ahvollaridan xabardor edilar. Dildor ogʻacha besh yilda ikki qiz tugʻdi. Mohim begim esa uch marta farzand dogʻini boshdan kechirdi. Uning Humoyundan keyin tuqqan ikki oʻgʻil, bir qizi birin-ketin oʻlib ketdi. Keyin umuman boʻyida boʻlmay qoldi. Buning hammasidan Mohim begim juda qattiq kuyib yurganini sezgan Bobur unga qanday tasalli berishni bilmas edi. Bir kuni mana shu ayvonda oʻtirganlarida Mohim begimning oʻzi: «Dildor ogʻacha yana homilador emishlar, — deb qoldi.— Men kuyib ado boʻldim. Endi Dildor ogʻacha shu gal oʻgʻil tugʻsa ham, qiz tugʻsa ham, agar menga bersangiz oʻz farzandimdek tarbiyalab oʻstirar edim».

Dildor ogʻacha oʻz farzandini kundoshiga ishonib topshirishini tasavvur qilib boʻlmas edi. Lekin Mohim begim Humoyunni qanchalik yaxshi tarbiyalaganini hamma bilar, uning yana farzand oʻstirish ishtiyoqi zoʻrligini Bobur ham sezar edi.

Dildor ogʻacha Kobulning Bogʻi Yoʻngʻichqasida mana shu Hindolni tuqqanida Boburning maxsus farmoni bilan uch kunlik chaqaloqni arkda turadigan Mohim begimning tarbiyasiga keltirib berdilar.

Bu bolani toʻqqiz oy qalbi tagida koʻtarib yurgan Dildor ogʻacha: «Oʻgʻlimdan tiriklay judo boʻldim», deb ancha vaqt yigʻlab-siqtab yurdi. Bobur unga:

«Azaldan udum shundoq, — deb vaj koʻrsatdi. Podshoh oilasida oʻgʻillarni katta xotin tarbiyat etmogʻi kerak. Mohim Humoyunni qandoq voyaga yetkazdi, koʻrdingmi? Hozir Badaxshonda eng obroʻlik hokim! Xudo xohlasa, Mohim Hindolni ham shundoq voyaga yetkizgusidir!»

Mohim begim Hindolni oʻz farzandidan ham ziyoda tarbiya qilayotgani Boburga ma’lum edi-yu, lekin bolaning togʻa avlodlari johil va ma’rifatsiz odamlar edi. Dildor ogʻacha Hisor va Samarqandda koʻp yomon ishlar qilgan Sulton Mahmud mirzoning avlodlaridan edi. Shayboniyxon tomonidan oʻldirilgan Sulton Ali mirzoga ham xeshligi bor edi. Bobur Samarqandda soʻnggi gal gʻalaba bilan borganda va qizilboshlar bilan may ichib yurgan kunlarida Dildor ogʻachaning husnini, xususan, dutor chalib ashula aytgandagi shirin ovozini yoqtirib qolib, kayf ustida uni haramiga olgan edi. Buning hammasidan xabardor boʻlgan Mohim begim Boburning «Hindol ma’rifatsiz togʻalariga tortmasin, tagʻin!» degan hadigini tarqatishga intildi:
— Hazratim, Humoyunning koʻp fazilatlari Hindolda ham bor. Qalbi toʻla mehr.

Ishonamenki, Hindol ham sizga tortgay. Egachingiz Xonzoda begimdan eshitganmen. Siz ham mana shu yoshda «urush-urush» oʻynashni behad yaxshi koʻrar ekansiz.

Bobur yana Hindolga yuzlandi:
— Men senga kitoblar sovgʻa qilsam oʻqurmisen?
— Oʻqu... Oʻqurmen! — deb Hindol tutilibroq javob berdi.

Bobur munshini chaqirib, Kobul kutubxonasidan Hindolga kerakli kitoblarni Mohim begimga keltirib berishni buyurdi. Shundan keyin savdarboshi ichki xonadan bolaning boʻy-bastiga moslab ishlangan oltin dastali Kamoni Shoshiy olib chiqdi. Chiroyli soqdoqda oʻn ikkita oltin bezakli yoy oʻqi ham bor edi. Bunday chiroyli oʻq-yoyni birinchi marta koʻrayotgan bola nodir sovgʻani qoʻliga olganda koʻzlari quvonchdan yaltirab ketdi.
— Ana, tirandozliqni mashq qil, ammo kitob oʻqishni ham unutma! — deb tayinladi Bobur.

Hindol ta’zim bilan otasiga qulluq qilib, zinapoyadan pastga tushib ketdi. Oradan sal oʻtmay ayvonning ichki eshigidan ellik yoshlardagi enaga ayol kichkina Gulbadanni qoʻlidan yetaklab chiqdi. Bu istarasi issiq ayol — Tohirning xotini Robiya edi. Avvallari Qutlugʻ Nigor xonim xizmatida boʻlgan Robiya hozir Mohim begim huzurida besh yashar Gulbadanga enagalik qilmoqda edi.

Bobur oʻz oilasiga yigirma toʻrt yillik qadrdon boʻlgan Robiyaning ta’zim bilan bergan salomiga alik olib, u bilan iliq soʻrashdi. Soʻng qizchasi Gulbadanga yuzlandi.

Qoʻgʻirchoqday yasantirilgan jajji qizchaning qosh-koʻzi beixtiyor Dildor ogʻachani eslatdi. Gulbadanni ham oʻsha goʻzal juvon tuqqan edi. Mohim begim Hindolni onalarcha suyib parvarish qilayotganini yillar davomida kuzatib yurgan Dildor ogʻacha bu ayolning tantiliga qoyil boʻlgan va Gulbadanni unga oʻzi farzandlikka bergan edi. Bu ikki ayol endi kalondimogʻ Gulruh begimga qarshi goʻyo bolalar orqali ittifoq tuzgan edilar. Gulruh begim esa bir emas, ikki oʻgʻli boʻy yetib kelayotganidan behad magʻrurlanar, Komron mirzo va Askariylarni taxt vorisi Humoyunga qarshi raqobat tuygʻusi bilan tarbiyalar edi. Shu sababli Bobur ham Gulruh begimdan koʻp ranjir, lekin oradagi kundoshlik balosini butunlay daf qilish qoʻlidan kelmas edi.

Murgʻak qizchasini koʻrgan zahoti esiga tushgan bu murakkabliklar Gulbadanning egilib ta’zim qilishi va shirin «assalomi» bilan xayolidan uzoqlasha boshladi. Bobur qizchasini qoʻlida koʻtarib olib, peshonasidan oʻpdi, soʻng dasturxon oldiga kelib, uni tizzasiga olib oʻtirdi. Dasturxon toʻla noz-ne’matlarni, Odinapurdagi Bogʻi Vafoda oʻsgan chiroyli norinj[18]larni koʻrsatib:
— Ne yeysan? — deb soʻradi.

Gulbadan odob bilan bosh chayqadi — u podshoh otasining oldida ovqat chaynab oʻtirishdan iymanar edi. Lekin dadasining zar qoʻshib toʻqilgan qimmatbaho abosidagi tugmalar uni juda qiziqtirib qoʻydi. Bu tugmalardan birining yuz tomoniga kichkina qilib yoʻlbars shakli oʻyilgan. Yoʻlbarsning koʻzlari oʻrniga zigʻirdan ham kichik yoqut donalari oʻrnatilgan. Ikkinchi oltin tugmaning yuzida afsonaviy bir qush qanotlarini yozib tumshugʻida kichkina gavharni olib uchib boryapti. Umrida bunday gʻalati tugmalarni koʻrmagan qizcha ularning bittasini qoʻlchasi bilan sekin ushlab koʻrdi.
— Senga tugmalar ma’qulmi? — deb soʻradi dadasi, Gulbadan «ha», deb jilmaydi. Bobur qizchasi ushlab koʻrgan yuqorigi tugmani yulib olmoqchi boʻlib bir tortdi. Lekin tugma juda mahkam tikilgan ekan, uzilmadi.
— Hazratim, ne qilmoqchisiz? — hayratlanib soʻradi Mohim begim. — Qoʻying, tugmani uzmang, axir bu sizning shohona libosingiz!
— Hechqisi yoʻq. Zargarga buyursalar, yana bitta shundoq tugma yasab bergay.

Bobur kamariga osilgan qindan kichkina qalamtarosh oldi-yu, oʻsha tugmani ipidan qirqib olib, qizchasiga berdi:
— Lekin yoʻqotma. Bu qush — Humo. Ilohim senga baxt keltirsin.

Gulbadan quvonib va hayajonlanib:
— Rahmat, hazrati... oli... — dedi-yu, lekin jumlaning oxirini uncha kelishtirolmadi.
— Meni ota deya qol qizim.

Gulbadan onasi Mohim begimga savol nazari bilan qaradi. Mohim «ha, ayt!» degandek bosh irgʻadi. Shunda Gulbadan qoʻlchalari bilan otasining boʻynidan quchdi-da:
— Otajon! — deb uning yonogʻidan oʻpdi.

Bobur koʻpdan beri his qilmagan bolalarcha bir poklik va ma’sumlik borligʻiga goʻyo nur boʻlib taraldi.
— Guli, — dedi Mohim begim, — endi hazrat otangga bitta hikoya aytib bergin.

Gulbadan sekin otasining tizzasidan pastga tushdida, xuddi muallimga javob berayotgan talabadek tik turib, toshbaqa va chayon haqidagi mashhur hikoyatni aytib berdi. Xususan, toshbaqa chayonga yaxshilik qilib, uni daryodan oʻtkazib qoʻymoqchi boʻlganda, chayon unga zahar solishga tirishganini, soʻng bu yomonligi uchun daryoga choʻkib oʻlganini shunday kelishtirib aytdiki, Bobur zavq qilib kuldi-da:
— Siz soʻzlab berganmidingiz? — deb Mohimdan soʻradi.
— Yoʻq, oʻzi «Toʻtinoma»ni bemalol fahmlab oʻqidi. Besh yoshga yetmay savod chiqargan qizchani men birinchi koʻrishim.
— Gulbadanga koʻz tegmasin, zehnu muhofazasi benazir.
— Sa’diyning «Guliston»idan xiyla hikoyatlarni yod bilur. Ash’orga uncha oʻch emas. Ammo nasriy hikoya xotirasiga soʻzma-soʻz naqshlanib qolur. Bogʻda, koʻchada koʻrganlarini ham kelishtirib hikoya qilur. Men oʻzimcha orzu qilurmenki, Gulbadan shoira boʻlmasa ham hazrat otalarining nasrnavisligini meros olsa ne ajab?
— O, nasr yozmoq uchun qanchalik koʻp savdolarni boshdan kechirmoq kerak, Mohim!

Gulbadan ota-onasining gaplariga yaxshi tushunayotganday sergaklanib quloq solmoqda edi. Uning katta-katta shahlo koʻzlarida qandaydir umid, ayni vaqtda, xavotirlik borga oʻxshardi. Goʻyo uning otasidan kutgan umidlari puchga chiqsa koʻngli qattiq ozorlanishini sezib xavotirlanayotgandek koʻrinardi.
— Zukko qizim, hazrat onang sendagi ajib bir qobiliyatni yaxshi payqabdir. Agar Gulining nasrga ishqi zoʻr boʻlsa, — deb Bobur Mohim begimga qarab davom etdi, — «Voqoi’»ning osonroq boblaridan beray, xattot qizchamizga bir nusxa koʻchirib bersin.
— Men ham sizdan shuni iltimos qilmoqchi edim. Guli turkiy tilni hazrat otalarining kitoblaridan oʻrgangani yaxshi. Men, ojizangiz, orzumandmenki, faqat Humoyundek oʻgʻillaringiz emas, Gulbadandek qizlaringiz ham tarixda sizga munosib nom qoldirsalar[19].

Bu soʻzlarning samimiyligini butun vujudi bilan sezgan Bobur noxosdan toʻlqinlanib ketdi. Mohim begim kundoshi Dildor ogʻachaning bir emas, ikki farzandini shunchalik mehr bilan tarbiyalashi va ularning kelajagiga shu darajada jon kuydirishi uchun qancha katta bardosh, tantilik, bagʻri kenglik kerak boʻlganikin? Bobur yoshi qirqdan oshgan sari kelajak avlod haqida koʻp oʻylar, farzandlar, ayniqsa, shu yoshda odamning hayotida hal qiluvchi kuchlardan biriga aylanishini sezardi. Shu sababdan ham Mohim begimning birgina Humoyunni emas, mana, Hindol bilan Gulbadanni ham otalariga sadoqatli va mehr-oqibatli farzandlar qilib tarbiyalayotgani xotin kishining oʻz eriga qilishi mumkin boʻlgan eng ulugʻ yaxshiligi ekanini hozir butun borligʻi bilan his qildi. Bobur podshohlik udumiga yon berib, Mohim begimning ustiga yana ikki xotin olgan boʻlsa ham Mohim buni bagʻrikenglik bilan kechirgani, yana oʻzini unga shunchalik fido qilayotgani — tengsiz bir muhabbat va sadoqatning nishonalari emasmi?

Bobur tez oʻrnidan turib, koʻrpachada oʻltirgan Mohim begimning ustiga engashdi-yu, sochidan, peshonasidan, yuzidan oʻpa boshladi.
— Mohim, siz mening benazir malagimsiz! — deb ehtiros bilan shivirladi: — Men shoh boʻlsam ham ulugʻ qalbingiz oʻtrusida qulmen!

Mohim ham tez oʻrnidan koʻtarildi. Gulbadan ota-onalariga iymanib qarab turganini koʻrdi-yu, atrofga olazarak boʻlib koʻz tashladi.

Robiya ularni xoli qoldirib ichkariga kirib ketgan. Savdarboshilar ham yoʻq. Bobur Mohim begimning koʻzlaridan ham oʻpib:
— Buyuring, — dedi, — neki istasangiz men bajo keltiray!

Mohim begim uyalib shivirladi:
— Gulbadanga javob beraylik...

Bobur yana savdarboshini chaqirdi va Gulbadanga Hindistondan keltirilgan toʻtiqushlarni hadya qilishni buyurdi.

Chiroyli oltin qafaslarga solingan toʻtiqushlarning kamalakday tovlangan patlari Gulbadanning e’tiborini oʻziga tortdi. Toʻtiqushlar soʻzlashni bilar edi, kattarogʻi shangʻi tovush bilan:
— Assalom, begim! — dedi.

Gulbadan bundan zavq qilib bolalarcha soddalik bilan:
— Assalom, toʻti! — dedi.

Shunda hammalari beixtiyor kulib yubordilar. Gulbadan dadasining oldiga chopib keldi, bu ajoyib sovgʻasi uchun uning qoʻlini oʻpdi. Bu orada ichkaridan chiqqan Robiya qizchani sekin qoʻlidan oldi-da, toʻtiqush solingan qafas bilan birga zinapoyadan pastga olib tushib ketdi.

Bobur va Mohim begim ikkovlari ichkari xonaga yoʻnaldilar. Katta tanobiy uyning toʻridagi shahnishinga eroniy gilamlar va zarbof koʻrpachalar toʻshalgan edi. Bobur Mohim begimning xipcha belidan quchib, oʻsha tomonga boshlab borar ekan:
— Hali ham kelinchaklik paytlaringizdagidek sarv-qomatsiz, Mohim, — dedi.
— Chunki siz men uchun hamon yigirma yoshlik yigitsiz!

Mohim begim shunday deb, ichki uyning ochiq eshigidan koʻrinib turgan shohona toʻshaklariga olovli bir nigoh tashlab oldi. Bugungi ehtirosli tun, ikkovlari xuddi alanga tillaridek goh butun borliqlari birlashib, goh yana ajrashib, soʻng qaytadan olov mavjida birlashib, ikki tan bir vujudga aylangan paytlari xayoliga titroq solib oʻtdi. Oʻsha daqiqalarda Mohim erining qulogʻiga: «Siz mening koʻz ochib koʻrgan yagona yorimsiz, sochingizdan-tirnogʻingizgacha butun borligʻingiz menga jonimdan ham aziz, endi sizni boshqa hech kimga bermasmen!» deb shivirlagan edi. Boburning hozir uni oʻpib: «Men shoh boʻlsam ham sizning ulugʻ qalbingiz oʻtrusida qulmen!» degani Mohimning oʻsha tungi soʻzlariga javobdek eshitildi. Bu soʻzlar va oʻpichlar Mohim begimning borligʻini shunday yayratib yubordiki, yoshi oʻttiz yettiga borgan boʻlsa ham hozir yigirma yoshli juvondek husni jamoli ochilib, koʻzlaridan oʻt chaqnab, shoʻx ohangda soʻradi:
— Men hozir neki tilasam bajo keltirurmisiz?

Bobur Mohimning yangi bir koʻshk qurib berishini yoki katta xarajatlar uchun xazinadan qoʻshimcha oltin soʻrashini kutgan edi. Uning bunaqa istaklarini soʻzsiz bajargisi kelib turgan Bobur:
— Sizdan molu jonni ayamasmen, buyuring! — dedi.

Mohim bir lahza taraddudlanib turdi-yu, past va jiddiy tovush bilan dedi:
— Sizdan molu jon emas, farzandimiz Humoyunni... Kobulga qaytarishingizni iltimos qilmoqchimen.

Bobur ham endi jiddiylashib:
— Nechuk? — dedi. — Butunlay Kobulga qaytsinmi?
— Ha, sizdan oʻtinamen!
— Mohim, Humoyun yonimizda boʻlishiga men ham tashnamen. Biroq shimoliy chegaralarimizni Humoyundek ishonchli odam qoʻriqlab turmasa, shayboniyzodalarni oʻzingiz bilursiz...
— Bilganim uchun tunu kun xavotirdamen. Ikki yildan beri Humoyun Badaxshonda. Men uni shunchalik sogʻinamenki, turgan xonalariga kirsam, oʻqilgan kitoblarini varaqlasam, koʻzimga yosh kelur.
— Mohim, siz bilursizki, tojdorlaru valiahdlarga ona boʻlishning mashaqqati behisob... Shukr qiling, mening rahmatlik onam tortgan azoblarni xudo sizning boshin-gizga solgan emas. Humoyun mirzoning ishlari juda taraqqiyda. Badaxshonlik sodiq yigitlardan toʻrt-besh mingi uni asrab-avaylab yururlar. Shayboniyzodalar ham biz bilan murosa qilishga majbur, chunki hozir ular ichki nizolarni tinchitolmay, oʻzlari bilan oʻzlari ovora.
— Undoq boʻlsa, Badaxshonga endi Komron mirzoni yubora qoling. Axir u kishi ham oʻn oltiga kirdilar. Gulruh begim doim oʻgʻillarining er yetganidan faxrlanib gapirurlar.

Bobur xotinlarining orasidagi raqobatni juda yomon koʻradi. Chunki kundoshlik raqobati bolalarga ta’sir qilsa, ular bora-bora bir-birlariga dushman boʻlib qolishlari mumkinligini bilardi.
— Siz Gulruh begimning gapiga e’tibor bermang degan edim-ku, Mohim!
— E’tibor bermay ilojim yoʻq, hazratim! Chunki Gulruh begimning ikki oʻgʻli ham yonlarida. Men boʻlsam uzoqdagi Humoyunni sogʻinib qon yuturmen!
— Obbo!.. Mayli, men sizning tilagingizni bajo keltiramen, deb soʻz berdim. Soʻzimda turmogʻim kerak. Humoyunni juda sogʻingan boʻlsangiz, ikki-uch haftadan soʻng uni albatta koʻrursiz.
— Qayerda koʻrurmen? — ovozi titrab soʻradi Mohim.— Kobuldami?

Bobur ovozini pasaytirib:
— Odinapurda, — dedi.

Odinapur Hindiston chegarasiga yaqin joyda edi, Mohim begim Boburning oʻsha joyda qoʻshin toʻplayotganini eshitgan edi. Aftidan, Humoyunning Kobulga kelib yurmasdan, bor qoʻshini bilan Badaxshondan toʻgʻri Odinapurga oʻtib borishi harbiy maqsadlarga muvofiqroq kelar edi.

Mohim begim endi xavotirli ovoz bilan soʻradi:
— Hazratim Humoyunni ham Hind yurishiga olib bormoqchilarmi?

Sir saqlanayotgan mavzuda gap ochilgani uchun Bobur atrofga koʻz tashlab, bir lahza jim quloq soldi. Ayvonda ham, ichki uylarda ham ikkovlaridan boshqa odam yoʻq edi.
— Siz bilursiz, men Movarounnahrdan umidimni uzganimdan beri yorugʻ bir istiqbolni Hindiston tomondan izlamoqdamen. Oʻn yildan beri bir necha qayta ishonchli odamlarimni Hindga elchilikka yubordim.
— Oʻzingiz ham Hindga toʻrt qayta borib keldingiz-ku.
— Lekin toʻrt martasida ham Dehliga yetolmadim. Laxoʻr atroflaridan qaytdim.
— Hindda vatanlarini jon-jahd bilan himoya qiladigan botir yigitlar koʻp ekan-da.
— Ha, xususan, rajput yigitlari jasur qilichboz kelurlar.
— Ular jangda nechogʻlik beomon ekanini biz ham eshitdik. Shuning uchun har gal Hind yurishiga ketganingizda xavotirlik olovida qovrilib, tunlarni uyqusiz oʻtkazurmen. Har ikki tomondan qancha begunoh odamlar jang qilib halok boʻlgani xayolimdan nari ketmaydi. Hatto Bajur qoʻrgʻonida oʻldirilgan uch ming yogʻiyning boshidan kalla-minora yasatibsizlar!
— Siyosat uchun... zarur boʻldi.
— Ammo bunday siyosat sizdek siymo uchun ma’zur emas, hazratim! Shakkokligim uchun meni kechiring! Hind yurishi endi bas!
— Yoʻq, bas qilolmasmen. Hindiston rojalari menga elchi yubormishlar. Ular Ibrohim Lodining[20] zulmidan bezor emishlar. Mamlakatlari vayron, uluslari parokanda, oʻzaro urushlardan hamma bezgan. «Hindda qudratli davlat tuzib, qadimiy madaniyatni tiklamoq uchun bizga sizdek ma’rifatli tojdor kerak» deb, panjoblik Davlatxon oʻz oʻgʻli Dilovarxonni bizga vakil qilib yuboribdir.

Mohim begim Boburning Davlatxon bilan ittifoq tuzganini bilar edi. Boburni Ibrohim Lodi zulmiga qarshi chorlayotganlar orasida hindistonlik mashhur roja Sangram Sinx ham bor edi. Bundan uch kun oldin Bobur shu rojaning elchisini qabul qilgan, lekin unga nima javob berganini hali koʻpchilik bilmas edi. Mohim eriga mayin tikilib:
— Bir savolga ijozat bering, — dedi.
— Marhamat.
— Rano Sinx bilan ham ittifoq tuzdingizmi?

Bobur tasdiq ma’nosida bosh irgʻadi.
— Men Hindga borsam, uni talab kelish uchun emas, balki umr boʻyi intilib yetisholmayotgan orzularimni oʻsha yerda roʻyobga chiqarish uchun bormoqchimen! Hozir shu maqsadga yetishish uchun qulay fursat keldi.
— Biroq bu maqsadingiz yoʻlida dahshatli bir choh— qonli urush bor!
— Biz bu chohdan ot sakratib oʻtmogʻimiz mumkin.
— Hazratim, siz ot sakratib oʻtganingizda ham, bu chohga ming-ming bevayu sagʻiralarning koʻz yoshlari toʻkilgay! Begona yurtning onalariyu bevalari siz bilan urushda oʻlgan farzandlariyu erlarining oʻlimini kechirarmikinlar?
— Oʻshal onalaru bevalarning farzandlariyu erlari parokanda yurtning ichki urushlarida ozmuncha halok boʻlmoqdami? Ibrohim Lodi goh Panjob bilan, goh Gvalior bilan, goh Bangola bilan jang qilur. Narigilar ham bir-birlari bilan taxt talashib urushurlar. Har yili qirq-ellik ming navkar bu oʻzaro urushlarda behuda halok boʻlmoqda. Mamlakat bizning Movarounnahrdek xarob. Bu toʻpolonlardan bezgan hind beklari qochib kelib mendan panoh topdilar. Shulardan biri Hindubek besh yildan beri mening nufuzli amirlarim qatorida yurganini bilursiz. Ular ham meni Hind sari chorlaydirlar, mamlakatni obod qilishni, ilmu ma’rifatni yuksaltirishni oʻylaydilar.
— Agar bunday ma’rifatli podshoh oʻz yurtlaridan chiqsa edi, ulugʻ davlat tuzish yoʻlida noiloj toʻkiladigan qonlar osonroq unutilmogʻi mumkin edi. Ammo boshqa yurtdan borgan fotihlarning toʻkkan qonlari fotihlik qilichidan yetgan dil yaralari asrlar davomida unut boʻlmagʻay, tuzalmagʻay! Men ana shundan xavotirdamen, hazratim!

Mohimning soʻnggi soʻzlari Boburning dilidagi eng ogʻriydigan yarani tirnaganday boʻldi. U ozorlanib oʻrnidan turdi:
— Taqdir qilichi bizning dilimizni ozmuncha yaraladimi? Qani bu yaralarning unut boʻlgani? Qani tuzalgani?!

Bobur kaftini kaftiga qahr bilan urib, savdarboshini chaqirdi:
— Men boya ayvonda chogʻir keltirishni buyurgan edim! Nechun keltirmadi?

Uning avzoyi keskin oʻzgarganini, hozir savdarboshi kirsa biron jazo olishi mumkinligini Mohim begim sezdiyu tez oʻrnidan turdi.
— Hazratim, chogʻir ichgingiz kelsa, marhamat, men saqlab qoʻymishmen, — deb ipak parda bilan toʻsilgan tokchadan oltin koʻzacha toʻla may va ikkita nafis chinni piyola oldi. Boshqa tokchada guldor dasturxon bilan bir lagan norinj turgan edi. Dasturxonni apil-tapil shahnishinga yozib, norinjni unga qoʻydi-da, Boburni taklif qildi. Koʻzachadan chinni piyolaga xushboʻy mayni quyar ekan:
— Ijozat bersangiz, men hozir soqiylik qilsam!— dedi.

Bobur oʻtirar ekan, ijozat ma’nosida bosh irgʻadi.

Mohim piyolaga yarmidan oshiribroq may quydi-yu, chap qoʻli koʻksida, oʻng qoʻli bilan Boburga uzatdi:
— Oling, hazratim, sizga uzoq umr, baxtu saodat yor boʻlgʻay!

Piyoladagi tiniq xushboʻy ichimlik Mohimning qoʻli bilan birga xiyol titrab turibdi. Bobur piyolani olar ekan, xotini iliq bir gap kutayotganini sezdi. Lekin hozir uning qalbida qandaydir sovuq izgʻirin xuruj qilmoqda edi. Harbiy va siyosiy ishlarning qorboʻroni xayollarini chirmab, goh hazora qabilalari bilan boʻlgan qonli toʻqnashuvlarga olib ketar, goh Panjobga bogʻliq chigal muammolar, goh karvon yoʻllarida talonchilik qilgan qaroqchilarni jazolash tashvishlari esiga tushar, goh ogʻir zambaraklarni sinovdan oʻtkazish paytida ularning yoʻgʻon mis quvuri yorilib ketgani va toʻpchilardan besh kishi oʻsha joyda halok boʻlgani koʻz oldiga kelar edi. U sovuq izgʻirin changalidan chiqib ketishga va avvalgi iliq ruhiy holatiga qaytishga intilib, dardli tovush bilan dedi:
— Mohim, uzoq umru baxtli hayot men uchun ushalmaydigan orzu boʻlsa kerak.
— Nechun? Agar tangrim nasib qilsa, ushalishi hech gap emas. Ilohim nasib qilsin!
— Aytganingiz kelsin...

Bobur mayni sipqordi-yu, piyolani Mohim begimga qaytarib berdi. Norinjdan bittasining poʻchogʻini qoʻli bilan archib, yarim pallasini yedi. Soʻng Mohim begimga «Yana quying!» ishorasini qildi.

Ikkinchi piyoladan keyin vujudiga mayin bir iliqlik taraldi, boyagi sovuq izgʻirin xayolidan uzoqlashganday boʻldi-yu, Mohimga koʻnglini ochib gapirgisi keldi.
— Bu amirlar, elchilar, ittifoqdoshlaru yogʻiylar, yana yuz xil davlat ishlari qalbimni yuz boʻlak qilib, yuz tomonga tortadir, Mohim! Goho mening koʻnglim ham parchalanib ketgan, oʻzaro urushlarda azob tortayotgan mamlakat kabi algʻov-dalgʻov boʻladir! Hayotimda goʻyo shunday bir qutb borki, unga barcha amirlaru elchilar, chopqinlaru urushlar toʻplanmishdir. Bu qutbda men sovuqqonlikka oʻrganmishmen, chunki siyosat bobida odamlarga xuddi shatranj taxtasi ustidagi piyodayu sipohiylarga qilgan shafqatsiz muomalani qilmasang, ularni aqlu farosat, hisobu kitob bilan idora etmasang, murodga yetolmassen. Ammo bu shafqatsiz siyosatning sovuq izgʻirinidan oʻzim toʻngʻib keturmen. Soʻng may ichib, isingim kelur. Bu sovuq qutbda she’r yozishga ham hafsalam qolmas!
— Oʻshal noxush qutb oʻtrusida boshqa iliq makoningiz yoʻqmi, hazratim?
— Bugun... mana hozir yana bir marta payqadimkim... men uchun olamda eng iliq qutb — Siz, Humoyun, Gulbadan... Sizlar bilan boʻlganda tuygʻularim joʻshib, ijod qilgim kelur.
— Undoq boʻlsa, doim biz bilan birga boʻling! Bundan biz ham behad baxtiyor boʻlurmiz!
— Qani edi!.. Ammo buning uchun men davlat ishlaridan butunlay voz kechmogʻim kerak.
— Butunlay voz kechishingizga hojat yoʻq, hazratim. Axir siz Kobulda katta davlat barpo etdingiz. Qunduzdan Qandahorgacha, Badaxshondan Sind daryosigacha boʻlgan parokanda oʻlkalarni bir markaz atrofiga birlashtirdingiz. Kobul oʻz tarixida birinchi marta shunday ulkan mamlakatning poytaxtiga aylandi. Bu yerda siz yangi koʻshklar qurdirdingiz, yangi bogʻlar barpo etdingiz, yangi ariqlar qazdirib, koʻp joylarni obod qildingiz. Shu hammasi siz uchun aziz emasmi?
— Noshukrlik boʻlmasin, men Kobulda koʻp mas’ud kunlarni koʻrdim. Biroq katta orzularimni roʻyobga chiqarishga hamon ojizmen. Shu menga tinchlik bermaydir. Kobul atrofidagi koʻp joylar hali qalamiy emas, sayfiy[21]. Ana, Gʻaznida necha asrdan beri buzilib yotgan ulugʻ band[22] bor. Mahmud Gʻaznaviy bandi derlar. Agar shu band tiklansa, choʻl boʻlib qolgan katta bir vodiy yana yashnab ketgay. Men shu bandni tuzattirmoqchi boʻldim. Lekin sarfini hisoblab koʻrsam, xazinam yetmas ekan... Bu ahvolda men Kamoliddin Behzoddek ulugʻ iste’dodlarni qaysi davlatimga taklif etamen? Behzodni Shoh Ismoil Tabrizga olib ketmishdir. Chunki hozir shoh mendan qudratliroq. Qanchadan-qancha ilmu hunar ahli, me’morlaru muhandislar bor, agar chorlasam, koʻplari kelurlar. Lekin... Kobulga oʻzi kelgan me’mor mavlono Fazliddinga munosib ish topib berganim yoʻgʻu boshqalarni qandoq chorlay?

Mohim begim Boburning Hindistonga intilishiga naqadar koʻp va murakkab sabablar borligini sezib:
— Xorazmlik vatandoshingiz Beruniy ham Hindis-tonga borgan — dedi. — Hazratim, siz uning «Hindis-ton» otliq kitobini qanday oʻqiganingiz esingizdami?

Bobur Gʻaznidan topib kelingan bu kitobning eski arab tilidagi nusxasini qiynalib oʻqigan boʻlsa ham mazmunini juda yoqtirgan edi.
— Ha, Hind hayotini Beruniychalik teran tahlil etgan olim kam boʻlsa kerak. Beruniy ham mening Hindni koʻrish ishtiyoqimni oshirdi.
— Bilamen. Hindda sizni ohanraboday oʻziga tortgan yana bir siymo Xisrav Dehlaviydir.
— Soʻzingiz chin, Mohim. Men Dehlaviyning koʻp ash’orlarini «Muxtasar» kitobimda keltirmishmen. Dehlaviyning otasi amir Mahmud Qarshi bilan Shahrisabz oraligʻida yashagan lochin ismli turkiy qabiladan edi. Men buni yaqinda bildim. Lochin qabilasi Chingizxon istilosidan qochib, Hindga borib qolgan ekan. Xisrav Dehlaviy Davlatnoz ismli hind muslimasidan tugʻilmishdir.
— Hazratim, — dedi Mohim Boburga muloyim tikilib, — siz ham shoirsiz, ham olimsiz. Men orzu qilardimki, barcha el-uluslar sizni ham Beruniydek, Dehlaviydek faqat yaxshi soʻzlar bilan tilga olsalar.

Bobur Mohim begimning botinib aytolmagan soʻzlarini tushundi-yu, yuzi tundlashdi. Xayolida yana oʻsha sovuq izgʻirin qoʻzgʻaldi.
— Siz mening podshoh ham ekanimni nechun eslatmoqchi emassiz?
— Chunki men sizni ijodingiz olovi yongan iliq qutbda muqim turishga chorlamoqchimen!
— Men ijod qutbida umrbod qolmoqchi boʻlib, Dahkatda, Osmon Yaylovda yalangoyoq yurganimda nechun uchramadingiz? Endi kech!.. Podshohni barcha el-uluslar faqat yaxshi soʻzlar bilan tilga olishi — ushalmaydigan bir orzu. Men odamlarning maqtoviga ham, ta’nayu malomatiga ham rosa toʻyganmen!

Bobur yaqinda yozgan bir gʻazalidan ikki satrini joʻn soʻzga oʻxshatib ohangsiz, aytdi:
— Ulusning ta’nu ta’rifi[23] menga, Bobur, barobardur, bu olamda oʻzimni chun yomon-yaxshidan oʻtkardim.
— Rost, bizning hech birimiz dunyoning achchiq-chuchugini sizchalik koʻp tatib koʻrgan emasmiz... Olamning berahm dagʻal jabru jafolarini bunchalik koʻp koʻra turib shu qadar nafis she’rlar bitishingiz, shunchalik nazokatli ohangda kuylashingiz meni doim bir moʻ’jizadek hayratga solur. Hazratim, siz ulugʻ shoirlar davrasidan joy olmogʻingiz kerak. Men goho qoʻrqamenki, jahongirlik, fotihlik sizning shoirligingizga soya tashlab qoʻymasmikin?
— Hind yurishidan voz keching, demoqchimisiz?!

Mohim begim Boburni bu niyatidan qaytarolmasligini endi aniq sezdi.
— Hazratim, hech boʻlmasa Humoyunni Kobulda qoldiring! Axir siz Hindga ketsangiz, kimdir Kobulni boshqarishi zarur-ku!
— Men yoʻgʻimda Kobulni siz idora etgaysiz, begim!
— Nahot! Axir men ayol kishimen! Shariatga binoan xotinning mavqeidan oʻgʻillarning mavqei balandroq boʻlur. Kobulda oʻgʻillaringiz mirzo Komron bilan mirzo Askariy borlar.

Bobur bu muammoni birpasda sovuqqonlik bilan hal qildi:
— Mirzo Komronga Qandahorni bergaymen. Askariy ikkalasi shu hafta Qandahorga keturlar.

Qandahor bu yerdan otda bir haftalik yoʻl. Oʻgʻillari ketsa, Gulruh begimning hovuri pasayib qolishi aniq.
— Kobul mening xos shahrim, — deb davom etdi Bobur. — Uni hargiz oʻgʻillarga bermasmen, faqat sizga topshirib ketgaymen! Qosimbek qavchin xizmatingizda boʻlur. Barcha haram ahli men yoʻgʻimda sizga boʻysungʻusidir!

Kutilmagan bu inoyatdan Mohim begim endi hayajonga tushdi. Podshoh oʻz xotiniga bunchalik katta ishonch bildirishi juda kam uchraydigan hodisa edi. Ayniqsa, butun haram, hatto Gulruh begim ham Bobur yoʻgʻida Mohim begimga boʻysunishi, bunga xalaqit berishi mumkin boʻlgan mirzo Komron va mirzo Askariylarning Qandahorga joʻnatilishi Mohim begimni qiynab yurgan ishkal tugunni birdan yechib yuborgandek yengillik berdi:
— Hazratim, inoyatingizdan boshim koʻkka yetdi! Ammo bilursizki, ojizangiz hokimlikka tashna emasmen.
— Kimki hokimlikka tashna boʻlmasa, men oʻshal zotga koʻproq ishonib hokimiyat bergaymen. Barcha tashqi ishlarga Qosimbek mutasaddi boʻlgʻay. Hindol yoningizda. Siz uning nomidan ham amru farmon bersangiz, shariatga mos kelur.

Mohim begimning boyagi iztirobli oʻylari bir lahzaga boʻlsa ham xayolidan uzoqlashdi. Boburning katta ishonchi qalbiga shunchalik yoqib tushgani begimning oʻzini ham xiyol taajjublantirdi. Qandahorga hokim boʻlish Komron mirzoga ham yoqib tushishini oʻyladi. Bobur ikki tomonni ham tinchitadigan nozik bir siyosat yurgizayotganini begim endi sezdi. Odamlardagi ichki manfaat tuygʻusini bexato topib, shu tuygʻuga suyangan holda ularni mohirona boshqara bilish katta bir san’at ekani, Bobur yillar davomida mana shu san’atni qanchalik yaxshi egallaganini begim hozir juda yaqindan koʻrdi va goʻyo oʻz tajribasidan oʻtkazdi. Komron mirzoni Qandahorga joʻnatish, Mohim begimga Kobul ixtiyorini berish boshqa koʻp amiru beklarning koʻnglidagini topib, oʻrinlarini almashtirish — bu hammasi shatranj donalarini ularga juda mos keladigan bir mahorat bilan surish va oʻrinlarini almashtirishga oʻxshab ketardi. Shunday boʻlsa ham Bobur Mohim begimning koʻnglidagi eng nozik dardni payqab, uni kundoshi Gulruh begimning qoʻli yetmaydigan yuksak martabaga munosib koʻrgani behad yoqimli edi.
— Hazratim, sizning ulugʻ ishonchingiz mening tanimga yangi bir jon ato qildi! Biroq... ne qilayki, men dunyodagi barcha ne’matlardan, hatto oʻz jonimdan ham siz bilan Humoyunni ortiq koʻrurmen. Siz hozir rahnamolik san’atida benazirsiz. Shunday boʻlsa ham fotihlarning gʻanimi koʻp boʻlur. Hindda beadad el. Beadad yogʻiy. Oʻylasam vahmim kelur!
— Jang xatarsiz boʻlmas. Siz muncha iztirobga tushmoqdasiz, Mohim? Sizga ne boʻldi?
— Men Humoyun uchun ham iztirob chekmoqdamen... Hech boʻlmasa Humoyun Kobulda qolsin, sizdan oʻtinamen, hazratim!

Bobur Mohim begimga endi ozorlanib koʻz tashladi: nahotki u «erim xatarli jangda oʻlsa ham oʻgʻlim yonimda tirik qolsin» demoqchi?
— Humoyun taxt vorisi, — dedi Bobur ranjigan tovush bilan. — Shuning uchun qoʻshinda men bilan birga borishi shart... Eskidan odat shundayligini nechun unutdingiz?

Bu odatning ma’nosi shu ediki, agar uzoq yurtdagi jangda podshoh halok boʻlsa, taxt vo-risi darhol qoʻshinga bosh boʻlishi kerak edi, aks holda, qoʻshin boshqa da’vogarlar tomoniga oʻtib ketishi mumkin edi. Bobur bu odatni eslatish bilan «men agar olamdan oʻtsam, oʻrnimga Humoyun qolishini istab, uni birga olib ketmoqchiman», demoqchi edi.

Mohim begim Boburning gapidagi bu ma’noni fahm-ladi-yu, iztirobi battar oshdi. Nazarida, Bobur Hindistondan umrbod qaytib kelolmaydiganday, oldindagi yurish «borsa kelmas» yurish boʻladiganday tuyuldi. Mohim begimning yuragi ezilib, koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi.
— E xudoyim! Dunyo nechun bunday beomon yaratilgan? Qachon bexatar kunlarga yetgaymiz?

Bobur jim edi.

Laxoʻr. Panipat. Dehli - Yangi Qirgʻoqlar

1

Qoʻshin ilgarilagan sari oʻrmon qalinlashib borar edi. Chinorday baland ban’yan daraxtlarining ochiq ildizlari shoxlaridan pastga osilib tushib, yerga kirib ketgan. Yoʻgʻon chirmovuqlar daraxtdan daraxtga oʻtib, hammayoqni oʻrab-chirmab tashlagan. Oyoq tagida oʻsiq butalar. Havo dim va rutubatli.

Ot ustida kelayotgan Bobur yengil shohi koʻylak kiygan boʻlsa ham terlab-pishib ketgan. U ban’yanlarning shamoldan shovullayotgan baland shoxlariga termilib qaraydi. Tepada esib turgan shamol changalzor oʻrmon ichida borayotganlarga shabadasini ham tekkizolmaydi.

Oʻrmondan maymunlarning shoʻx qiy-chuvlari eshitilib turadi. Goho tovuslarning «qoʻ-oʻ-oʻv» deb keskin va noxush ovoz bilan qichqirgani quloqqa chalinadi.

Bir payt oʻrmon ichida tuya yetaklab piyoda ketayotgan navkarlardan allaqaysisining jon achchigʻi bilan chinqirgani eshitildi. Soʻng safdan-safga:
— Ilon chaqibdi!
— Koʻzoynakli ilon! — degan shivir-shivir tarqaldi.

Toʻp ortilgan aravalar tomondan oti loyga botgan usta Aliqul tashvishlanib chiqib keldi-yu, Boburga arz qildi:
— Podsho hazratlari, ogʻir toʻplarni bu changalzor oʻrmondan oʻtkazib boʻlmas! Oyoq tagi loy! Toʻp ortilgan aravalar hammasi tiqilib qoldi!

Bobur orqaroqda kelayotgan Tohirga oʻgirilib qaradi:
— Rahnamoni chorlang, bek!

Yoʻl boshlovchi La’l Chand oldinda fil minib bormoqda edi. Tohir uni chaqirib kelganda Bobur mingan saman ot fildan hurkib asabiy pishqirdi. La’l Chand filini toʻxtatib, uning qulogʻiga bir nima degan edi, fil xartumini yuqoriga choʻzib, pastga tushirib qoʻydi.

La’l Chand kaftlarini bir-biriga qoʻyib, koʻzi aralash peshonasiga tekkizdi-da, Bobur-ga ta’zim qildi. Bobur unga forscha gapirdi:
— Bu yoʻl bizga toʻgʻri kelmadi. Boshqa yoʻl topish kerak.
— Hazrat oliylari, boshqa yoʻllarni suv bosgan. Bu yer Panjob. Beshta daryomiz bor. Hammasi toshgan.
— Panjobda aravalar oʻtadigan yoʻl koʻp deb eshitganmiz. Bu yoʻlda aravalar tiqilib, yurolmay qoldi. Biz adashdikmi?
— Adashganimiz yoʻq, hazratim. Aravalar qaerda tiqildi?.. Ruxsat bering, fil bilan chiqaray. Bugun yursak, ertaga yaxshi yoʻllarga chiqamiz. Laxoʻr yaqin.
— Filni boshlab boring, aravalarni chiqarib bersin, — dedi Bobur usta Aliqulga. Kichkina jussali ozgʻin La’l Chand togʻday baland qora filga yana uning xartumi yordamida mindi. Soʻng filning supraday katta quloqlariga tizzalari bilan niqtab, qoʻlidagi uchi qayrilgan temir xilla — kajak yordamida uni oʻngu soʻlga yoʻnaltirib, toʻp ortilgan aravalarga qarab ketdi.

Tuyalar tortolmay qolgan aravalarni fil birpasda balchiqdan chiqarib berdi.

Aravalarning birida oyogʻini ilon chaqqan navkar koʻm-koʻk koʻkarib, ingrab yotibdi. Uning tirik qolishi gumon boʻlsa ham yalang oyogʻining ilon zahar solgan joyiga dorivor barglar qoʻyib bogʻlashgan, zahar badanga koʻp tarqalmasligi uchun tizzasini ola chilvir bilan tangʻib tashlashgan edi.

Aravalar qoʻzgʻaldi. Fil mingan yoʻl boshlovchi yana oldinga oʻtib ketdi. Yoʻl yurganlari sari rutubat kuchayib, nafas olish ogʻirlashib borar edi.

Kun oqqanda Ravi daryosi tomondan yuztacha qurolli odami bilan Hindubek chiqib keldi. Xos navkarlar uni yaxshi bilishardi. Asli dehlilik sipohiylardan boʻlgan Hindubek Ibrohim Lodi bilan kelisholmay bundan yetti yil oldin Kobulga borgan va Boburning xiz-matiga kirgan edi. Qirq yoshlardan oshgan bu yigit Boburning Hindistonga qilgan avvalgi yurishida koʻp jasorat koʻrsatgan edi. Boburga uning dovyurakligi bilan birga vatanidagi ichki parokandalikni tugatish yoʻlida koʻp qon toʻkmaslikka, iloji boʻlgan joylarni jangsiz olishga astoydil intilishi ham juda ma’qul tushgan edi. Hindubek turkiy, forsiy tillarni ham mukammal oʻrgangan, ilmli, ma’rifatli, dilkash kishi boʻlganligi uchun Bo-burning eng yaqin musohib beklari qatoriga kirgan edi. Bundan oldingi yurishda Kashmirdan oqib keladigan Jilom daryosi boʻyidagi Bhira Hindubekning harakatlari bilan jangsiz olinganda Bobur bu obod viloyatga Hindubekning oʻzini hokim tayinlab, Kobulga qaytib ketgan edi. Hozirgi yurishda Bobur Laxoʻrni ham qon toʻkmasdan jangsiz olish umidida edi va Hindubekni vositachi qilib Laxoʻr amirlari bilan muzokara olib bormoqda edi.

Bobur Hindubekni uzoqdan tanidi va u bilan yakkama-yakka gaplashish uchun otini yoʻldan chetroqqa burdi. Hindubek otdan tushib, ta’zim qildi.
— Soʻzlang, bek!
— Hazratim, Davlatxonning avzoyi buzuq. Meni tuttirmoqchi boʻlganini sezib qochib keldim.
— Nechun? Axir Kobulga oʻgʻli Dilovarxonni yuborib, biz bilan ittifoq tuzgan edi-ku. Men uni otam degan edim! Qancha yaxshiliklar qilgan edim.
— Davlatxon hammasini unutgan. Beliga ikkita qilich taqib olgan. Men buning sirini oʻgʻli Dilovarxondan soʻrab bildim. Bir qilichni Dehli sultonni Ibrohim Lodiga qarshi taqqan emish. Ikkinchi qilichni sizga qarshi.
— Oʻgʻillari ham yogʻiylik maqomidami?
— Dilovarxon sizga xohon, kelib mulozamat qilmoqchi, Laxoʻrni jangsiz bermoqchi. Otasi meni tuttirmoqchi ekanini Dilovarxon aytib, bir falokatdan qutqardi. Lekin katta oʻgʻli Gʻozixon otasi tomonida.
— Olamxon-chi?
— Olamxon Ibrohim Lodi bilan urushib magʻlub boʻlgandan beri qayta urushishga jur’ati yoʻq. Laxoʻrga borganingizda chiqib mulozamat qilishga soʻz berdi. Agar Gʻozixon shikast yesa, koʻpchilik beklar boʻyin egurlar, Laxoʻr jangsiz olinur. Lekin... hazratim, nechun Laxoʻrga bunday yomon yoʻllardan bormoqdasiz?
— Panjoblik ittifoqdoshlarimiz peshvoz chiqargan rahnamo bizni shu yoʻlga boshladi.
— Qani oʻshal rahnamo? Ijozat bering, men bir taftish qilib koʻray.

Fil mingan yoʻlboshlovchini yana chaqirib keldilar. La’l Chand filini changalzorga yaqinroq bir joyda toʻxtatdi va yana juftlangan qoʻlini peshonasiga qoʻyib, egilib salomlashdi. Hindubek ham kaftini juftlab, peshonasiga tekkizdi-da, oʻzini osoyishta tutib, hindcha gapirisha boshladi:
— Asli qayerliksiz?
— Agralikman, sohib.
— Panjobga qanday kelib qolgansiz?
— Ish izlab kelganman.
— Shunday zoʻr filingiz bor ekan, Ibrohim Lodi sizga ish topib bermadimi?
— Ibrohim Lodi xasis. Butun mamlakatning oltinlarini yigʻib, xazinasiga yashirib qoʻygan. Qurilishga sarflash yoʻq. Odamlarni ishlatib, rozi qilish yoʻq! Bezor boʻldik!
— Toʻgʻri aytasiz, — dedi Hindubek. — Men ham Lodilarning zulmidan qochib kelganman. Iskandar Lodi[24] mening otamni sarkashlikda ayblab, quturgan filning oyogʻi tagiga tashlab oʻldirgan.

Filbon Hindubekka maroq bilan tikildi-yu:
— Kshatriy[25]lardanmisiz? — dedi.
— Ha, asli otim Indri. Bobur hazratlari Hindubek deb atadilar. Bu nom hammaga ma’qul boʻldi. Xoʻsh, sizning otingiz nima?
— La’l Chand.
— Siz ham Ibrohim Lodining zulmidan qochib kelgan ekansiz. Endi bu zulmdan bizni kim qutqaradi, deb oʻylaysiz?
— Xudo.
— Bandalaridan-chi?

La’l Chand oʻylanib qoldi:
— Davlatxonmi? — dedi Hindubek.
— Davlatxon saxiy odam. Gʻozixon ham Ibrohimdan yaxshi.

Hindubek ovozini pasaytirib soʻradi:
— Rostini ayting, siz bu qoʻshinni nega bu yoʻldan boshlab boryapsiz?
— Gʻozixon aytgan yoʻl shu.
— Gʻozixon nega oʻtib boʻlmaydigan yomon yoʻldan yurgin degan, bilasizmi?
— Bular uchun yaxshi yoʻl shu.
— Nega? Bular sizga nima yomonlik qildi?
— Bitta zolim podshoh — Ibrohim bizga ozmidi? Yana bittasi kelyapti!
— Gʻozixon seni aldagan!

La’l Chand filini changalzor tomonga keskin burdi-yu, qichqirdi:
— Bular bosqinchilar! Bular Bajur qoʻrgʻonida uch ming yigitimizni qilichdan oʻtkazgan! Shahar-qishloqlarimizni talatgan!

La’l Chand shunday deyar ekan, filini choptirib, oʻrmon ichiga qarab qochdi.
— Hazratim, bu rahnamoni tuttiring! Bu yogʻiy kishisi! Sizni xarob qilmoq uchun yomon yoʻlga boshlagan!
— Tuting uni! — qahrlanib qichqirdi Bobur. — Nobakorni oldidan toʻsib chiqing! Tez!

Otliqlar filning ketidan intildilar. Ulardan uchtasi katta banan daraxtini aylanib oʻtib, filning yoʻlini toʻsib chiqdilar. Filbon qoʻlidagi temir kajak bilan filni qattiq xillalab, bir narsa deb qichqirdi. Fil otlarning birini oyogʻi bilan tepib yiqitdi, ikkinchi otning boʻyniga xartumini oʻrab, siltab itqitib yubordi. Buni koʻrgan uchinchi otliq daraxt panasiga qochib, zoʻrgʻa qutulib qoldi.

Qahri kelgan fil bahaybat tovush bilan na’ra tortib, yoʻlida uchragan yoʻgʻon chirmovuqlarni uzib oʻtar, katta-katta shoxlarni qarsillatib sindirar va otliqlar kirolmaydigan qalin changalzorda tobora uzoqlashib borar edi.
— Oʻqlang! — deb qichqirdi Bobur.

La’l Chand filning ulkan boʻyniga bagʻrini berib, uning baland sagʻrisi va quloqlari panasida biqinib yotar edi. Orqadan yogʻdirilgan yoy oʻqlarining koʻpini daraxtlarning shoxlari va chirmovuqlar oʻtkazmadi. Uch-toʻrtta oʻq shoxlar orasidan oʻtib filning orqasiga urildi, lekin poʻlatday qattiq va qalin fil terisiga botolmay, yerga uchib tushdi.

Usta Aliqulning toʻfangdozlari miltiqlarini oʻrmonga toʻgʻriladilar. Biroq barqandozlar chaqmoq chaqib, to miltiq piltasini yondirgunlaricha La’l Chand mingan fil yoʻgʻon va qalin daraxtlar panasiga oʻtib koʻzga koʻrinmay ketdi. Fil zarbasidan yiqilgan har ikki ot yerdan turolmay uyalab yotar, ularning ustidagi navkarlar oʻlgan boʻlmasa ham oyoq-qoʻllari shikastlangan edi.
— Yaradorlar aravaga olinsin! — buyurdi Bobur.— Bizni adashtirib halok qilmoqchi boʻlgan nobakor jazolanmogʻi kerak! Toʻfangandozlar otlanib, oʻrmonni aylanib oʻtsinlar!

Toʻfangandozlar shosha-pisha otlanib, aylanma yoʻl izlay boshladilar. Ammo hammayoq changalzor, botqoqlik edi.
— Qani, Hindubek, endi bizga siz rahnamolik qiling!
— Bosh ustiga, hazratim!

Hindubek kechki payt ularni keng bir koʻklamzor vodiyga boshlab chiqdi. Behad charchagan Bobur shu koʻkalamzorga chodir tikdirdi.

Oʻrmonda kiyimlari tirnalib yirtilgan, otlari loyga belangan toʻfangandozlar La’l Chandni topolmay qaytdilar. Shuning ustiga Laxoʻrdan amir Davlatxon, uning oʻgʻli Dilovarxon ellik-oltmishta mulozim va navkarlari bilan Boburning qarorgohiga yaqinlashishdi. Dilovarxonning avvaldan xayrixohligini yaxshi biladigan Bobur xirgohda uni oʻrnidan turib kutib oldi va oʻng tomonda oʻtirgan e’tiborli beklari orasidan joy koʻrsatdi.
— Janob Dilovarxon, padari buzrukvoringiz nechun ittifoqni buzib, bizga yogʻiylik maqomida qilich qayramishlar?
— Hazrati oliylari, otamni ogʻam Gʻozixon yoʻldan urdi. «Yot qoʻshin kelsa Laxoʻr bizdan ketadi, bular ham bizga Ibrohim Lodiyday dushman», deb ishontirdi.
— Shuning uchun Davlatxon aldamchi rahnamo yuborib, bizni oʻrmon ichida adashtirgan ekan-da?
— Ammo bu fitnadan otamning xabarlari yoʻq, hazrati oliylari! Bu — Gʻozixonning ishi. Agar otam shunday qilganlarida bu yerga oʻzlari kelmas edilar. Laxoʻrda qon toʻkilmasin deb, sizdan inoyat istab keldilar.
— Bizning inoyatlarimizga faqat siz munosibsiz, janob Dilovarxon! Ammo otangiz qilmishlariga yarasha jazo olgusidir! — Bobur shigʻovulga yuzlandi: — Davlatxon soʻnggi paytlarda bellariga ikkita qilich taqib yurgan emish. Qani, oʻsha qilichlarini biz ham bir koʻraylik... Har ikki qilichni boʻyniga osib kiritinglar!

Koʻp oʻtmay ikki zoʻr navkar oppoq soqolli keksa Davlatxonni ikki bilagidan mahkam ushlab chodirga olib kirdi. Chol navkarlarning qoʻlidan boʻshamoqchi boʻlib asabiy siltanar, uning boʻyniga osilgan ikkita uzun qilich koʻkragiga urilib selanglar edi. Davlatxon Boburga alam bilan tikilib dedi:
— Podshoh hazratlari, men asir olingan emasmen, oʻzim keldim! Bu qanday shafqatsizlik?
— Siz mendan elchi boʻlib borgan Hindubekni tuttirmoqchi boʻlibsiz! Agar niyatingizga yetganingizda Hindubek omon qolmas edi! Keyin biz ham changalzorda balchiqqa botib, Gʻozixonning qopqonida jon berarmidik? Bizga shafqat qilganlaring shumi? Shafqatsizlarga biz ham shafqatsizmiz! — Bobur shigʻovulga buyurdi: — Bu odam oilasi bilan birga Laxoʻrdan Bhiraga badargʻa etilsin. Bhiraning Milvat qoʻrgʻonida hibsda saqlansin!

Boʻshashib hech narsa deyolmay qolgan Davlatxonni olib chiqib ketdilar.

2

Kuz va qish oʻtib borayotgan boʻlsa ham, daraxtlar yashil libosini yechmas, «dun» deb ataladigan bagʻri keng, sayhon Hind vodiylari yil boʻyi bahordagiday koʻkalam boʻlib turar edi.

Jamna daryosi boʻylab janubga tomon harakat qilib borayotgan Bobur qoʻshini Dehlidan ellik chaqirimcha shimoldagi Panipat shahriga kelib toʻxtadi. Dehli sultoni Ibrohim Lodi yuz mingga yaqin askar va bir yarim ming harbiy fil bilan Agra tomonidan yaqinlashib kelmoqda edi. Ibrohim Lodi shu fillari va askarlari bilan bultur Dehli boʻsagʻasida Olamxon, Dilovarxon va boshqa dushmanlarining qirq ming kishilik qoʻshinini tor-mor keltirgandi. Boburning qoʻshini esa oʻn ikki mingdan oshmas edi. Yovning son jihatidan beqiyos darajada ustunligi koʻpchilik bek va navkarlarning qalbiga gʻulgʻula solar edi. Agar magʻlub boʻlishsa, atrof hammasi notanish yerlar, begona yurt, qayerda jon saqlashadi?

Ichki beklar orasida yurgan Tohir koʻproq Boburning harbiy tajribasiga va usta Aliqul boshliq toʻfangandozlar va toʻpchilarning qurollariga umid bogʻlagan edi. Jahonda hali juda kam tarqalgan bunday qurollar Ibrohimning qoʻshinida yoʻq edi. Bobur oʻzida yoʻq harbiy fillar hujumini mana shu qurollar kuchi bilan bartaraf qilish fikrida ekanini Tohir bilar edi.

Ular Panipat shahri bilan Jamna daryosining oraligʻidan toʻfang va toʻp otish uchun qulay boʻlgan bir joyni topishdi-yu, yaqin-yiroqlardan olib kelingan barcha aravalarni yarim doira shaklida saf qildirishdi. Yetti yuzdan ortiq arava bir-biriga zanjirday mahkam tirkishlar[26] bilan bogʻlandi. Aravalarning oldi va oralariga yoy oʻqi oʻtmaydigan temir qalqonlar oʻrnatildi. Toʻfangandozlar va toʻpchilar shu qalqonlar ortiga bekinib oʻq otishni mashq qildilar.

Aravalar baland bir tepalikning etagiga — oldi nishab joyga keltirildi. Ular oʻz-oʻzlaridan yurib ketmasligi uchun gʻildiraklarning tagiga yogʻoch toʻsiqlar tirab qoʻyildi.

Harbiy mashqlar oʻtkazilgan kuni Bobur aravalar ortidagi tepalikda otliq turib, gʻildiraklar oldidagi yogʻoch toʻsiqlarni birvarakayiga olishni va barcha aravalarni barobar yurgizib koʻrishni buyurdi.

Mulozimlar qatorida yurgan Tohir aravalar safining narigi chetiga ot choptirib borib, sarkardaning buyrugʻini Mustafo toʻpchiga yetkazdi. Hamma piyodalar, toʻpchilar, zarbzan va barqzanlar[27] buyruqni bajarishga hozirlandilar. Hammaga koʻrinadigan joyda turgan usta Aliqul:
— Aravalar surilsin! — deb qichqirdi.

Aravalar ba’zisi hadeganda oʻrnidan jilmadi, ba’zilari esa birdan tezlab ketdi. Aravalar safi egri-bugri boʻla boshladi, ora-oraga bogʻlangan tirkishlardan bir qanchasi uzildi, temir qalqonlar qulab tushdi.
— Toʻxtang! — buyurdi Bobur. — Mashqni takrorlating, janob Aliqulbek, toki birorta tirkish uzilmasin, birorta qalqon ham qulamasin!

Odamlar terlab-pishib aravalarni yuqoriga sudrab chiqa boshladilar.

Bu ogʻir ishdan ba’zi navkarlar oʻzlarini chetga olsa, oʻnboshilar ayamay soʻkar, hatto urar edilar.
— Mashq paytida navkarni ayamang, — dedi Bobur Aliqulbekka. — Hozir ayasangiz jangda magʻlub boʻlib oʻlib ketur.

Bobur tepalikdan tushib, daryo tomonga yoʻl oldi. U yoqda fil oʻtolmaydigan chuqur xandaqlar qazilgan, endi ba’zi joylarga shox-shabba bosib, ihota yasashmoqda edi.

Xizmati yuzasidan Boburga ergashib, uni qoʻriqlab yuradigan Tohir xandaqlar va shox-shabbalarga qarab oʻzicha oʻylandi: «Shuncha tayyorgarliklarga yarasha yogʻiy toʻgʻrimizdan kelsa yaxshi-ya! Agar shaharni aylanib oʻtib orqadan kelsa hammasi behuda-da!»

Biroq shaharning narigi tomoniga borib kelgan chigʻdovullar u yoqdagi botqoqlik va changalzorlardan katta qoʻshin oʻtolmasligini aniqlab keldilar. Oʻng tomonda Jamna daryosi. Chapda Panipat shahrining aholisi tigʻiz mahallalari. Ibrohim Lodi bu mahallalarni qoʻshiniga toptatib, shahar oralab kelmas. Demak, uni faqat toʻgʻridan kutish mumkin. Lekin salkam oʻn barobar katta kuch bilan kelayotgan yovga bu aravalaru xandaqlar turish berarmikin?

Bir vaqtlar Kobulda Andijon va Quvalarni eslasa yuragi eziladigan Tohir endi Kobulni eslasa yuragi sogʻinchdan orziqadi. Kobulda uning oʻn besh yil istiqomat qilgan uyi bor, xotini Robiya, madrasada oʻqiyotgan oʻgʻli Safarbek, yolgʻiz togʻasi mavlono Fazliddin bor. Oldindagi jang tahlikasidan koʻngli bezovta boʻlib yurgan Tohir: «Ishqilib oʻlim boʻlmasin-da, — deydi oʻzicha. — Agar shu gal ham tirik qolsam, sipohiylikni bas qilardimda. Yosh ham ellikka borib qoldi. Qachongacha begona yurtlarda tentirab yuramen? Safarbek katta yigit boʻlib qoldi, bu yil madrasani hatm qilib[28], muhandis[29] boʻladi. Keyin boshini ikkita qilib qoʻysam... Yo xudo! Oʻgʻlimning toʻyini koʻrish menga nasib qilganmikin-a? Robiyani yana koʻrarmikinman-a?»

Yurakka gʻulgʻula soluvchi bu iztirobli oʻylarni ichkilik bir oz bosar edi. Tohir koʻpdan beri beklar davrasida yurib, koʻnglining chigalini ichkilik bilan tarqatishga anchagina odatlanib qolgan edi. Hindistonda uzum kam, shuning uchun chogʻir tanqis, lekin mahva degan daraxtning bargidan olinadigan oʻtkir aroq uchrab turar edi.

Ibrohim Lodi bilan jang boʻlishidan bir kun oldin Tohir shu aroqdan koʻproq ichgan edi. Sahar palla badani tirishib uygʻondi. Ogʻzi taxir, boshi loʻqillab ogʻriydi. U yoq-bu yoqqa agʻdarilib, yana uxlamoqchi boʻlib koʻrdi, lekin uxlay olmadi. Shunday keyin turib, sopol koʻzaning tagida qolgan aroqdan uch-toʻrt qultum ichdi-da, sabuhiy qildi.

Shu payt birdan dovullar va naqoralar chalinib, hammani saflanishga chorlay boshladi.

Chigʻdovullar Ibrohim Lodining bostirib kelayotgani haqida xabar bergan edilar.

Sabuhiydan yana kayf qila boshlagan Tohir etigi bilan jibasini ancha vaqt imillab kiydi. Bir qulogʻi Samarqandda kesilgan Mamat soʻnggi yillarda Tohirning otboqariga aylangan, lekin eski qadrdonligi va bir-ikki yosh kattaligi tufayli goh uni koyib ham qoʻyar edi.
— Sahari mardondan ichib nima qilar edingiz, bek!— deb poʻngʻilladi Mamat.
— Gapni koʻpaytirmay koʻk otni tezroq keltiring!— buyurdi Tohir.

Soʻnggi yillarda xiyla ozib, yuz-koʻzlari avvalgidan ham ortiqroq boʻrtib qolgan Mamat otlar bogʻlangan tomonga chopib ketdi. Yov yaqinlashib kelayotgani haqidagi xabardan koʻp odam jonsarak boʻlib u yoqdan-bu yoqqa yugurmoqda edi.

Mamat kechasi yechilib ketgan koʻk otni tutib olguncha ancha ovora boʻldi. Odatda ot kechasi egarlogʻliq qolsa, ayili, qorinbogʻi boʻshatib qoʻyilardi. Toʻpolonda Mamat shoshilib ayilni mahkamlashni xayolidan qochirdi.

Tezroq Boburning huzuriga yetib borishi kerak boʻlgan Tohir uzangini izlab oʻtirmadi-yu, otning boʻynidan olib, ustiga sakrab mindi. Shunda egar bir chayqaldi. Tohirning kayfi boʻlmaganda ehtimol, egarning yaxshi urilmaganini tez sezgan boʻlardi, otdan tushib ayilni mahkamlab olar edi. Lekin u egarda chayqalganini sabuhiydan koʻrdi-da, oyoq tirab, otni tez orqaga burdi.

Anchadan beri boquvda yotib kuchi tanasiga sigʻmay ketgan koʻk bedov orqa oyoqlariga tikka turib, ogʻzidan koʻpik sochib, burildi. Shunda birdan egar ogʻib otning qorniga tushdi-yu, Tohir yelkasi bilan yerga gursillab yiqildi.

Mamat chopib kelib, bir qoʻli bilan otning jilovidan oldi va ikkinchi qoʻli bilan Tohirni suyab turgʻizdi. U Tohirni kayfi borligi uchun yiqildi deb oʻylab kulib gapirdi:
— Tohirjon, bek boʻldingizu ichadigan hunar chigʻardingiz-da! Bu sabilni koʻp ichmang demaganmidim!

Tohir yumshoq yerga yiqilgani uchun hech qaeri lat yemadi. Lekin katta jang arafasida shunday ahmoqona yiqilishi unga mash’um bir falokatning xabarchisidek tuyuldi. U qahr bilan soʻkinib. Mamatga egarni koʻrsatdi.
— Ayilni kim boʻshatib qoʻygan edi?

Mamat kechasi ot dam olsin deb boʻshatib qoʻygan ayilini ertalab mahkamlamaganini endi payqadi.
— Toʻpolonda esimdan chiqibdi-ya! Hey, men xomkalla!

Mamat endi oʻzidan kulib, ayilni torta boshladi. Tohirning aroqdan loyqalangan tasavvurida Mamat uni yiqitib, ustidan kulish uchun ayilni ataylab boʻshatib qoʻyganday koʻrindi. Ilgari ikkovi ham navkar boʻlgan paytlarida Tohir bunday hazillarga kulib ketaverar edi. Lekin hozir...
— Sen mening bek boʻlganimga baxilliging kelib shunday qilgansan! — deb u birdan Mamatni sensirab soʻka boshladi: — Sen menga oʻlim tilaganingmi bu?

Tohir gʻazabdan titrab, belini paypasladi-yu, qamchisini qidirdi. Qamchi yerda yotar edi.

Gunoh qilgan navkarlarni soʻkish, urish beklar orasida keng tarqalgan odat edi. Bu odat Tohirga ham ozmi-koʻpmi yuqqan edi. Lekin u oʻttiz yillik qadrdoni Mamatga hali biror marta musht koʻtarmagan edi.

Mamat yerda yotgan qamchinni olib Tohirga uzatdi:
— Mang, gunohim uchun qamchilang, lekin bunday gaplarni aytmang! Men sizga oʻlim tilaydigan baxillardan emasmen!

Mamat yana Tohirdan kulayotganday, oʻzini undan olijanobroq qilib koʻrsatayotganday tuyuldi. Tohir:
— Shunday kunda yiqitganing — Oʻlim tilaganing emasmi? — dediyu uning peshonasi aralash boshiga qulochkashlab musht urdi.

Mamat uch-toʻrt qadam nariga uchib ketdi va koʻzi tinib yerga oʻtirib qoldi.

Peshona suyagi Tohirning qoʻliga toshday qattiq tegdi, bosh barmogʻi «qirs» etdi-yu, oʻtkir bir ogʻriq miyasiga chiqib bordi.

«Boshmaldoq sindi-yov! — dedi Tohir ichida. — Qilich tutadigan oʻng qoʻlning boshmaldogʻi.. Bunga ham mana shu sababchi!»

Bu oʻydan uning gʻazabi yana bir darajada oshdi. Oʻrnidan turishga intilayotgan Mamatni chap qoʻli bilan ham urib yerga yiqitdi.

Orqadan yetib kelgan barvasta bir yigit oraga tushdi.
— Qoʻying, bek ogʻa, bir marta kechiring! Mamat ogʻa siz uchun jonini beradi-ya! Ayilni men boshqatdan tortib beray! Mana, hozir, hozir...

Tohir ayili tortib bogʻlangan otga minganda qattiq ogʻriyotgan qoʻliga tikilib qaradi. Bosh barmogʻi shishib ketgan, qimirlatsa, ogʻrigʻiga chidab boʻlmas edi.

«Mendan omad ketdi!» oʻyladi Tohir mulozimlar toʻplanayotgan tomonga ot choptirib borar ekan.

Uning ketidan ergashgan yigirmatacha otliq navkarlari orasida peshonasi gʻurra boʻlgan, yuzi boʻzday oqargan Mamat ham bor edi. Bek ming urib-soʻkkanda ham navkar uning ketidan qolmasligi kerak edi.

* * *

Jamna daryosining chap tomonidan chiqqan oftob nayza boʻyi koʻtarilganda yov qoʻshinining tigʻiz saflari aniq koʻrina boshladi. Oxiri ufqqa borib taqalgan behisob koʻp qoʻshinning har yer-har yeridan harbiy fillarning ulkan gavdalari choʻqqilarga oʻxshab chiqib turardi. Eng katta oq filning ustida oʻtirgan Ibrohim Lodi atrofga xuddi tepalik ustidan qarayotgandek hammayoqni bahuzur koʻrar edi.

Bobur bir-biriga bogʻlab tashlangan aravalar ortidagi tepalikda turib, yovning yaqinlashishini kutmoqda. Uning oʻng qanotiga oʻgʻli Humoyun javobgar edi. Xoʻja Kalonbek, Hindubek kabi eng sinalgan beklar barcha navkarlari bilan Humoyunning ixtiyoriga berilgan. Markazni toʻpchilar va toʻfangandozlar egallagan. Har ikki qanotning ikki chetida toʻlgʻama uchun ajratilgan otliqlar tayyor turibdi. Ibrohimning harbiy fillar himoyasiga tayanib urushadigan qoʻshinida piyodalar koʻpligi va saflar tigʻiz boʻlishi ma’lum edi. Bunday hollarda Shayboniyxon tajribadan oʻtkazgan toʻlgʻama usuli qoʻl kelishini Bobur yaxshi bilardi. U ham Shayboniyxonga oʻxshab toʻlgʻamaga ajratilgan askarlarga otlarning eng chopqirlarini saralab bergan edi.

Tohir ichki beklar va xos navkarlar bilan birga podshohdan orqada turibdi. Boburning ikki yonini aloqachi beklar, yasovullar va choparlar egallaganlar. Bobur ularga ish buyurar ekan, ovozi ichki bir kuch va ishonch bilan jaranglab eshitilardi. «Shu odamning panohida necha qirgʻinlardan omon chiqding, — dedi Tohir oʻziga-oʻzi tasalli berib. — Bobur mirzo bor ekan, senga hech nima qilmaydi».

Daryo bilan shahar oraligʻini toʻldirib vahimali qora bulutga oʻxshab kelayotgan Ibrohim Lodining qoʻshini qarshisida harakatsiz tek turib kutish ogʻir edi. Koʻpchilik bek va navkarlar fursatni boy berib qoʻyayotgandek sabrsizlanishar, lekin Bobur:
— Hech kim buyruqsiz qoʻzgʻalmasin! — deb hammani qattiq tutib turardi.

Ibrohim Lodi Boburning qoʻzgʻalmasdan kutib turganini, ikki orada yuzlab aravalardan yasalgan mustahkam devor va chuqur xandaqlar borligini koʻrdi-yu, qoʻshinini toʻxtatdi. Lashkarboshilarni chaqirib, asosiy zarbani yovning oʻng qanotiga berish va shahar tomondan aylanib oʻtish haqida buyruq berdi. Biroq yuz ming qoʻshinga to yangi buyruqni tarqatib, uni shahar tomonga burguncha ancha vaqt oʻtdi.

Bobur darhol mana shu vaqtdan foydalandi. Uning buyrugʻi bilan toʻlgʻamaga ajratilgan ikki ming otliq joyidan qoʻzgʻaldi. Chopqir otlar yov qoʻshinining ikki qanotiga tegmay oʻtdi-yu, bexavotir kelayotgan orqadagi otliqlar va piyodalarga hamla qildi.

Humoyun boshliq toʻrt ming otliq oʻng tomondan yovning yoʻlini toʻsib chiqdi. Chap qanot ham jangga tushdi. Markazdagi aravalarning ora-orasidan toʻplar ustma-ust oʻq yogʻdira boshladilar.

Toʻrt tomondan yashin tezligida birvarakayiga qilingan hamlani tepadan kuzatib turgan Tohir Boburning sarkardalik tajribasiga oʻzicha qoyil boʻlib qoʻydi. U harbiy san’atni faqat doʻstlaridan emas, dushmanlaridan ham oʻrgangan edi. Bobur toʻp va miltiq ishlatishning ahamiyatini birinchi marta ittifoqdosh Shoh Ismoilga qarab bilgan boʻlsa, toʻlgʻama ishlatishda ashaddiy yovlari Shayboniyxon va Ubaydullaxonning tajribasini oʻzlashtirgan edi. U achchiq magʻlubiyatlar jarayonida orttirgan barcha harbiy tajribalarini bugun goʻyo yagona bir mushtga tugib, maydonga ustalik bilan tashladi-yu, tashabbusni darhol qoʻlga oldi.

Boburning butun rejasi — yov qoʻshinini toʻrt tomondan oʻrab olishga va qanotlarini ichkariga qayirib tashlashga qaratilgan edi. Lekin oʻrab olingan yov Bobur qoʻshiniga nisbatan yetti-sakkiz barobar koʻp edi, chopqir otlar bahaybat fillarning bir zarbasidan yumalab yiqilib ketardi. Shu sababli Ibrohim Lodi askarlari hali oʻngda, hali soʻlda Bobur qoʻshinining halqasini yorib chiqardi. Bobur yonida turgan aloqachi beklar va yaso-vullarni ketma-ket jang maydoniga choptirar, yovning qoʻli baland kela boshlagan qanotlarga markazdan koʻmak yubortirar edi. U markazni yovga ataylab ochiq qoldirmoqda edi, chunki hali harakatsiz turgan aravalar va toʻfanglar markazga qoʻyilgan edi.

Ikki tomondan va orqadan ustma-ust zarba berilavergandan keyin Ibrohim Lodining asosiy kuchlari va harbiy fillari markazga tashlandilar. Shunda Bobur aravalarning gʻildiraklari tagidagi yogʻochlarni olishni buyurdi.

Yetti yuz arava joyidan qoʻzgʻalib yov qoʻshinining roʻparasidan chiqdi. Aravalar ustidan toʻplar, ora-oradan esa toʻfanglar yaqin kelib qolgan yovga oʻq ota boshladi. Toʻplarning gumburlashi, miltiqlarning qarsillashi, borut tutuni, har qanday qalqonni teshib oʻtadigan olovli oʻqlar zarbasi va yana buning hammasi behisob aravalar shakliga kirib oʻz-oʻzidan yurib kelayotgani yov qoʻshinini dahshatga keltirdi. Fillar yarador boʻlib boʻkira boshladi. Filbonlar talvasaga tushib, fillarni orqaga burdilar. Orqada esa gʻuj-gʻuj otliqlaru piyodalar bir-biriga aralashib ketgan edi. Itar-itar, ur-sur boshlandi. Yaralanib quturgan fillar otliqlarni yiqitib, piyodalarni bosib yanchib oʻta boshladi.

Toʻplar va miltiqlar hamon oʻq otmoqda. Toʻp oʻqi tekkan fillardan bir qanchasi piyodalar ustiga agʻanab tushdi. Orqadan kelayotgan otlar va fillar oʻzlarini toʻxtatolmasdan agʻanab yotgan fillarga surinib yiqilishardi. Ketma-ket bir-birini itarib, surib kelganlari oldin yiqilganlarning ustiga qulashar va oʻtib boʻlmaydigan toʻsiqqa aylanishardi.

Bu qiyomat ur-yiqitdan qochib qutulushning ilojini topgan filbonlaru otliqlar jon-jahdlari bilan qochishga tushdilar. Orqada toʻlgʻama ishlatgan otliqlarning safi ancha siyraklashib qolgan edi. Fillar bu safni birpasda yorib oʻtdilaru Dehli tomonga intildilar.

Tepalik ustidan buning hammasini koʻrib turgan Bobur:
— Yogʻiy Dehlini bekitmoqchi! — dedi va aloqachi beklari turadigan oʻng tomonga oʻgirildi. Biroq aloqachi beklar, choparlar va yasovullar hammasi birin-ketin jang maydoniga maxsus topshiriqlar bilan yuborilganicha qaytib kelishmagan edi. Ehtimol, ularning ba’zilari oʻlgandir yoki yaralangandir — jang busiz boʻlmaydi. Bobur otini burib, ichki beklari va navkarlari tomonga yuzlandi. Shunda uning koʻzi Tohirga tushdi. Tohir maxsus farmonlarni hamisha yaxshi ado etib kelganini esladi:
— Tohirbek, Ibrohim Lodi qochdimi yoki jang maydonida qoldimi, shuni aniqlamoq kerak. Agar qochgan boʻlsa xossa tobin[30] dan quvgʻinchi yuborgaymiz.

Tohir chang-tutunga burkanib jahannam boʻlib yotgan jang maydoniga koʻzi javdirab qaradi-yu, singan boshmaldogʻini eslab, ovozi qaltirab dedi:
— Bosh ustiga, hazratim!

Shu payt jang boʻlayotgan tomonda oyogʻiga oʻq tegib, uzangisidan qon sirqib oqayotgan bir yasovul ot choptirib keldi.
— Hazratim, zafar bizniki! — dedi u hansirab.— Yogʻiy qochdi!
— Ibrohim ham qochdimi?
— Qochgan fillar orasida Ibrohimning oq filini koʻrdim! Qochdi!
— Boʻlmasa darhol iziga tushmoq kerak! Tohirbek, siz toʻxtang! Janob Qosimtoy mirzo!
— Labbay, hazratim! — deb qirq yoshlardagi norgʻul bek safdan oldinga chiqdi. Turkistonda tugʻilib-oʻsgan bu bekning Ulugʻbek mirzoga uzoq qarindoshchiligi bor edi. U oʻn besh yildan beri Bobur huzurida xizmatda edi.
— Agar Ibrohim Lodi Dehli yoki Agraga yetib, bu qal’alarni bekitsa, muhoribayu muhosara qaytatdan boshlanur, — dedi Bobur Qosimtoy mirzoga. — Holbuki, biz Dehli bilan Agrani jangsiz olish umididamiz. Yogʻiyning bizga hamla qilish ehtimoli endi bartaraf boʻldi. Janob Qosimtoy, xossa tobindan ming kishini oling. Beklardan Bobochuhra... Tohirbek navkarlari bilan... Ibrohimni quvlanglar. Agar Dehlida toʻxtamay yana qochsa, Agragacha ketidan qolmanglar, toki bu shaharlarni berkita olmasin. Ketlaringizdan biz izma-iz yetib borurmiz!
— Farmoni oliyga jonimiz fido! — dedi Qosimtoy mirzo.
— Siz bizning ilgʻorimizsiz. Tangrim yoringiz boʻlsin! Yengingu yengilmang!
— Omin!

Shunday gʻolibona jangda ilgʻor safda boʻlish Tohirning koʻnglini koʻtardi-yu, singan boshmaldogʻining ogʻrigʻi ham sezilmay qoldi. U navkarlarini yoniga olib, jang maydoniga hammadan oldin kirib keldi.

Oftob tikkaga kelgan. Kun issiq. Chekinayotgan yov besh-olti boʻlakka boʻlinib ketgan. Ba’zilarini Humoyunning odamlari, ba’zilarini Xoʻja Kalonbekning navkarlari ta’qib etmoqda. Lekin ularning otlari ertalabdan beri u yoqdan-bu yoqqa chopib, charchab qolgan. Tohirlarning tobinda dam olib turgan otlari jangdan toliqib qolgan otliqlardan oʻtib, yovga birpasda yetib oldi.

Yengilgan qoʻshin boʻlinib-boʻlinib qochayotgan boʻlsa ham choʻgʻi juda katta ekani Tohirga yaqin borganda bilindi. Har toʻpda yetti ming-sakkiz ming keladigan qoʻshin. Ularga nisbatan quvib kelayotganlarning toʻpi juda kichik. Yovning har toʻpida qator-qator fillar kelayapti. Lekin ularning orasida oq fil yoʻq. Balki Ibrohim fildan tushib, ot minib ketayotgandir?

Qosimtoy bilan Tohir oʻzaro maslahatlashishdi-yu, yovning kichikroq koʻringan bir toʻpini ikki yonidan aylanib oʻtib, oldilaridan toʻsib chiqishdi va bir suruv filni egalari bilan asir olishdi. Ularning orasida Ibrohim Lodi yoʻq edi.

Qosimtoy filbonlarni hind tarjimon orqali soʻroq qila boshladi.
— Ayt, Ibrohim Lodining qaysi toʻpda ketayotganini koʻrsatib bersa ozod qilamen!

Filbonlardan biri orqada qolgan jang maydonini koʻrsatib, kuyib-pishib allanarsa dedi:
— Ibrohim mingan fil yaralanib yiqilgan emish, uning oʻzi oʻlganmish, — dedi tarjimon.

Lekin Qosimtoy bunga ishonmadi:
— Bizning odamlar Ibrohimning qochganini koʻrgan. Soʻra, rostini aytsin, boʻlmasa boshi kesilgay!

Birinchi filbon yana avvalgi gapini takrorladi. Chindan ham Ibrohim jang maydonida oʻlgan edi. Lekin Qosimtoy filbonning gapidan koʻra boya Boburga axborot bergan yasovulning gapiga koʻproq ishonar edi. Qosimtoy siqishtira bergandan keyin boshqa bir filbon tusmol bilan Ibrohimning daryo boʻylab ketib borayotgan katta toʻpda ekanini aytdi. Uchinchi bir filbon oʻng tomonda ketayotgan toʻpni koʻrsatdi.

Qosimtoy hamma filbonlarni fillari bilan birga maxsus navkarlarga topshirib, Boburning ixtiyoriga yubordi. Keyin daryo boʻylab chekinayotgan toʻpning ketidan tushdilar. Bu toʻpda fil mingan, ot mingan va Lodi qoʻshinining eng jangovar qismi hisoblanadigan rajputlar koʻp edi. Qosimtoy daryo tomonda, Bobobek bilan Tohir oʻngdan aylanib oʻtib, ularning yoʻllarini toʻsib chiqdilar. Rajputlar ta’qib etayotganlarning nisbatan oz ekanligini koʻrdilaru kamonlariga oʻq oʻrnatib, qilich yalangʻochlab, dadil jang qila boshladilar.

Tohir kamoniga oʻq oʻrnatib otayotganda singan barmogʻining jonsizlanib, ishlamay qolganini sezdi. Oʻqning uchini boshqa barmoqlari bilan tutib, kamonni tortib otdi. Oʻq qilich yalangʻochlab kelayotgan qora bir odamning koʻzi aralash yuziga tegdi. Oʻq yegan rajput bir qoʻli bilan yuzini changallab, otdan yiqilib tushdi. Bu orada polvontaxlit bir rajput Tohirga yaqin kelib qoldi. Tohir kamoniga qayta oʻq oʻrnatishga ulgurmasligini sezdi-yu, qilichini sugʻurdi. Rajput polvoni oltita keskir tigʻi bor chakra degan qurolini koʻtardi. Tohir uning chakra tutgan qoʻliga qarab qilich sermadi. Qilich chakraga qarsillab tekkanda Tohirning singan boshmaldogʻidan badaniga shunday ogʻriq tarqaldiki, vujudi zirqirab ketdi. Shishib ketgan boshmaldoq qilichning dastasini qoʻlidan qanday chiqarib yuborganini bilmaydi. Faqat qilich yerga uchib tushganini koʻrib, belidan xanjarini olmoqchi boʻldi, lekin ulgurmadi. Olti tigʻli keskir chakra uning boʻyni va oʻng yelkasiga shunday bir zarb bilan urildiki, kiftidan engagigacha hamma joyini qiymalab tashlaganday tuyuldi. Tohir koʻzi tinib otning yoli ustiga koʻkragi bilan tushganda chakraning yana bir zarbasi uning zirhli kiyimiga qarsillab urildi. Tohir dahshatli ogʻriq ichida: «Endi bu meni otdan yiqitmaguncha qoʻymaydi! — deb oʻyladi. U otdan yiqilsa jasadi tuyoqlar tagida qanday majaqlanishini tasavvur qildi-yu: — Tezroq hushimdan ketsam edi!» — dedi.

Shu payt Mamat yetib kelib, dastasi uzun oyboltani chakra koʻtargan rajputning qoʻliga urdi. Chakra yerga tushib ketdi. Mamat qonga belanib, egardan sirgʻalib tusha boshlagan Tohirni tez oʻngarib oldi-yu, jang maydonidan qochib chiqdi.

3

Dehliga otasidan oldin kirib kelgan Humoyun Jamna daryosining oʻng qirgʻogʻidagi qizil devorli ulkan qal’ani jangsiz egalladi. Ibrohim Lodining qal’adagi xazinala-rini muhrlab, ishonchli posbonlarga topshirdida, uch yuztacha xos navkari bilan shaharni aylanishga chiqdi.

Unda-bunda uchraydigan past-baland tepaliklarni hisobga olmaganda, Dehli — koʻkalam bir tekislikka joylashgan va chetlarini koʻz ilgʻamaydigan katta shahar edi. Tigʻiz joylashgan uylar, mahalla-kuylar behisob, lekin koʻchalarda odam kam — notanish fotihlardan choʻchib, uylaridan chiqmay oʻtirganlar koʻp.

Humoyun qaysi koʻchadan oʻtmasin, besaranjom bir sinchkovlik bilan eshik-derazalar tirqishidan, devor tepalaridan qarab turgan oʻnlab koʻzlarni koʻradi.

Muqaddas daryo hisoblangan Jamna boʻyida toʻp-toʻp odamlar dafn marosimi oʻtkazmoqdalar. Ular oʻliklarni xushboʻy oʻsimlik moyi sepilgan oʻtinlar ustiga qoʻyib kuydiradilaru kulini sekin daryoga oqizadilar. Narigi dunyoga oid bu ish bilan boʻlib, bu dunyoning tashvishlariga, hatto shaharni egallayotgan begona qoʻshinga ham koʻpda e’tibor bermaslikka tirishadilar.

Chorsu bozorida bilaklariga va boʻyinlariga shoda-shoda gul osgan yalangoyoq bolalar, ayollar koʻrinadi. Hatto soch-soqoli oqargan ba’zi bir keksalar ham bilaklariga qizgʻish-sariq rangli gulshodalar solib olishgan edi.
— Bu — Chandin Chouk bozori, — deb izoh berdi Humoyunning yonida borayotgan Hindubek. — Oydin Chorsu degan ma’nosi bor.
— Bugun hayitmi, gul koʻp? — soʻradi Humoyun.
— Ha, bahorgi ekinlarning unib chiqishini qutlab oʻtkaziladigan hayit. Hindistonda hayit koʻp. Biron oy hayitsiz oʻtmaydi.
— Gʻaroyib el! — dedi Humoyun oʻychan kulimsirib.

Eski bir qasrning tom va devorlari ustida oyoq-qoʻllari uzun maymunlar bemalol sayr qilib yurar edi. Yuzlari, qoʻllari qora qorinlari sargʻish, boshqa hamma joylari oqish-kulrang. Jajji maymun bolalari tomdan banan va nim daraxtlarining shoxlariga sakrab oʻtishar, bir-birlari bilan quvlashib, daraxtdan yerga ham tushishar edi. Qasrning ich-tashida odamlar yuribdi, lekin maymunlar bilan hech kimning ishi yoʻq.

Humoyunning ketidan borayotgan yuzboshining koʻzlari birdan ovchilik ehtirosi bilan yona boshladi. U kamonini qoʻliga olayotganini koʻrgan Hindubek:
— Maymunning uvoli yomon boʻladi, — dedi. Buni ovlagan odam baxtsizlikka uchragay.

Humoyunning oʻng yonida borayotgan Xoʻja Kalonbek kulib soʻradi:
— Sigirni ham shunaqa e’zozlashimiz kerakmi, janob Hindubek?
— Neki tansiq boʻlsa, elga aziz koʻrinur, — dedi Hindubek. Bu yerning issiq iqlimida sigir asrash oson emas.
— Har qalay, — deb Humoyun Hindubekka yon bosdi, — podsho hazratlari maxsus farmon chiqardilarki, hind xalqining azaliy udumlariga hurmat bilan qaralsin, el-ulusning nafsoniyatiga tegadigan harakat sodir boʻlmasin.

Xoʻja Kalonbek oʻng qoʻlini koʻksiga qoʻydi:
— Amirzodam, bu farmoni oliy biz uchun qonun! Men faqat Hindubekka sal tegishdim.
— Bekning gustoxligi ma’lum-ku, — deb endi Hindubek ham Xoʻja Kalonga hazil qildi.

Oldinda baland darxtlar orasidan boʻy choʻzib chiqib turgan yonlari qirrador minora koʻrindi.
— Qutb Minora! — dedi Hindubek.

Humoyun minora oldida otdan tushdi, soʻng beklar bilan minoraning tepasiga chiqdi. Minoradan yuz qadamcha narida terak boʻyi keladigan yolgʻiz bir qora ustun koʻrindi. Usta atrofida odam koʻp edi.
— Bu nedur? — soʻradi Humoyun Hindubekdan.
— Bu ustun yaxlit temirdan yasalgan. Bilganlarning aytishicha, uch yuz yildan beri turgan emish. Kimki ustunni quchib, ilkini bir-biriga tekkizolsa, oʻylagan murodi hosil boʻlar emish.

Shu vaqtgacha oʻzini bosiq tutib kelayotgan Humoyun endi oʻsmirlarcha bir qiziqish bilan:
— Qani koʻraylik! — dedi va chaqqonlik bilan zinadan chopib tushib ketdi.

Temir ustun atrofidagi odamlar shahzodani koʻrib, oʻzlarini chetga oldilar.
— Janob Hindubek, qani, ustunni ne tavr quchish kerak?

Ustunning tepasi va pasti qorayib ketgan. Faqat oʻrtasi — behisob odamlarning qoʻl va yelkalari tekkan joy oppoq boʻlib, ma’dani yiltirab chiqib turar edi.

Hindubek ustunga teskari turib, yelkasini unga tiradi-da, qoʻllarini orqaga choʻzdi. Ustun ancha yoʻgʻon edi. Hindubek uni teskari quchib qoʻlini bir-biriga choʻzdi, lekin yetkizolmadi. Butun kuchi bilan chirandi, baribir qoʻli qoʻliga tegmadi.

Buni koʻrganlar xaxolab kula boshladilar. Humoyun ham kula-kula Hindubek uddalay olmagan ishni qilib koʻrdi. Lekin u ham qoʻlini qoʻliga tekkizolmadi. Bek va navkarlaru yana besh-oltitasi kuch sinab koʻrdi. Shulardan faqat bittasi — qoʻllari uzun, oʻzi ozgʻin sa-marqandlik yigit — ustunni teskari quchib, qoʻlini qoʻliga tekkazishga muvaffaq boʻldi.

Humoyun unga bir siqim kumush tanga mukofot berdi.

* * *

Dehlida toʻp-toʻp boʻlib aylanib yurgan gʻoliblar orasida yogʻli oʻlja izlayotganlari ham bor edi. Sind daryosining boʻyidan Bobur askarlariga qoʻshilib kelgan Yor Husaynbek ilgari Xaybar dovonining janubida yoʻltoʻsarlik qilgan qaroqchilardan edi. Hozir uning navkarlari shahar chetidagi bir ibodatxonaga kirishib, hindlar sigʻinadigan xudolarning haykallariga oʻrnatilgan qimmatbaho toshlarni koʻchirib olishga tushdilar.

Devorlari oq-sargʻish marmardan ishlangan ibodatxonada keksa bir barahman[31] koʻzlariga yosh olib, buddaning ulkan tosh haykalidan najot soʻramoqda. Ibodatga kelgan ayollar, chollar, oʻsmirlar, xudolari oldida bosh egib jim turishibdi.

Yor Husaynbekning navkarlari esa toʻrt qoʻllik xudo Shivaning baland haykaliga narvon qoʻyib chiqishgan, Shivaning peshonasiga katta qizil holga oʻxshatib oʻrnatilgan yoqutni xanjar bilan kavlab olishga urinishardi.

Shu hodisaning ustiga kelib qolgan Humoyun nar-vondagi navkarga qahr bilan qichqirdi:
— Podshoh hazratlari nomidan buyuramen. Haykalga tegma! Tush pastga!

Yor Husaynbek nimqorongʻi ibodatxona ichida Humoyunni avval tanimadi:
— Kofirlarning haykalini himoya qiladigan podshong oʻzingga! — dedi-da, narvondagi navkarga buyurdi: — Olaver!

Navkar xanjar bilan haykalning peshonasini kavlashda davom etdi. Shunda Humoyun otgan yoy oʻqi uning bilagiga tegdi. Xanjar yerga tushib ketdi. Navkar bilagini changallaganicha orqaga oʻgirildi.

Yor Husaynbek qilichini sugʻurib:
— Kim u? — deb oʻshqirdi-yu, Humoyun tomonga hamla qildi.

Hindubek ham qilichini sugʻurib oldinga chiqdi:
— Siz Yor Husaynbek boʻlsangiz, bu oliy zot Bobur podshohning oʻgʻillari mirzo Humoyundirlar!

Yor Husaynbek bu gapga ishongisi kelmay Humoyunga koʻzlarini olaytirib tikildi. U eng avval Humoyunning egnidagi argʻuvoniy toʻnni tanidi. Yoqalariga durlar qadalgan bu toʻn — Boburniki edi. Humoyun Panipat jangi arafasida Ibrohim Lodining Hamidxon degan lashkarboshisi bilan olishib, uni yenggan, uch yuzdan ortiq odamini asir olib kelgan edi. Bobur oʻgʻlining bu jasoratiga qoyil boʻlib, egnidagi shohona toʻnini oʻgʻliga kiydirgan, buni hamma beklar, shu jumladan, Yor Husaynbek ham koʻrgan edi. Oʻsha toʻn hozir ham Humoyunning egnida edi — uning xipcha gavdasiga bir oz katta kelib, yelkalari osilibroq turar edi.
— Amirzodam, men sizni tanimabmen! — Yor Hu-saynbek qoʻlida qilichi bilan bir qadam orqaga chekindi.
— Qilichni topshiring! — buyurdi Humoyun.
— Amirzodam, men hazrat otangizga sodiq xizmat qilgan beklardanmen!
— Ibodatxonada sugʻurilgan qilichni men podshoh hazratlariga eltib topshirishim kerak! — dedi Humoyun.— Siz yoʻltoʻsarlikdan tavba qilib, hazrati oliyning xizmatiga kirgan ekansiz. Bugun yana talonchilik koʻchasiga qaytmishsiz. Podshoh hazratlari ziyoratgohlarda nojoʻya harakat sodir boʻlmasin deb, buyurmagan edilarmi? Nechun nazarni bunchalik past qildingiz, bek? Yogʻiy xazinalaridan barcha jangchilar oʻz ulushlarini olgaylar! Bu xazina sizga ham yetib ortgay! Ibrohim Lodining odamlari shu haykalning peshonasidagi yoqutga tegmagan ekanlar. Ular qilmagan pastkashlikni qilish bizga isnod emasmi? Oling qilichini! Mana bu nokas yigitlarni tutib hibsga elting! Toki boshqa yigitlarimizga ibrat boʻlsin!

Xos navkarlar bu buyruqni bajarganlaridan keyin Humoyun Hindubekka barahmanni va uning qavmlarini koʻrsatdi-da:
— Janob bek, podshoh hazratlari bizga tayinlagan gaplarni bularga tarjima qilib bering, — dedi. Bularning dini boshqa. Lekin biz barcha gʻayridinlarni bir xudoning bandalari deb bilurmiz. Biz Hindistonga yaxshi niyatlar bilan keldik. Bu muazzam kishvarni hindlar bilan birga obod qilmoqchimiz. Kimki bizga hamkor boʻlsa, hamkorlik qilurmiz!

Hindubek tarjima qilgan bu soʻzlarni barahman va uning qavmlari bosh irgʻab, ta’zim qilib eshitdilar. Shahzoda va uning odamlari chiqib ketgandan keyin esa barahman yana buddaning haykali oldiga ibodatga kelib, butun minnatdorchiligini unga ayta boshladi. Muqaddas yoqutni olmoqchi boʻlgan nokasning qoʻlidan oʻq yeb jazolanishi buddaning irodasi bilan boʻlganiga barahman oʻz qavmlarini ishontirishi zarur edi.

4

Uzoq Sirdaryo vohalarida endi lola barg yozadigan salqin hamal oyida Jamna boʻylari avji saraton paytidagidek issiq edi. Kuni boʻyi oftobda otliq yurib badani misday qizib ketgan Bobur kechki payt salqinroq joy izlab Jamna daryosining boʻyiga keldi.

Kunning issigʻidan tashqari peshindan soʻng ichilgan aroqning tafti ham uning ichini yondirmoqda edi. Kobulda koʻp ichib oʻrgangan beklar Panipatdagi gʻalaba sharafiga har kuni bir-ikki joyda ziyofat berishib, uni taklif qilishardi. Issiq va sernam havoda ustma-ust ichilayotgan chogʻir va aroqlar Boburning yuragini behalovat qilib, kechalari uyqusini qochirib yuborardi. Koʻp ichib yotgan kunlari ertalab turib yoʻtalsa balgʻamga qon aralashib chiqardi. Buni koʻrgan hirotlik xos tabib Yusufiy:
— Hazratim, oʻtinamen ichkilikni tashlang! — deya yalinardi.

Boburning oʻzi ham uyqusiz behalovat boʻlib yotgan kechalari «endi tashlamasam boʻlmas», derdi. Lekin kunduz biron tashvishdan koʻngli gʻash boʻlsa yoki aksincha, kayfini chogʻ qiladigan yaxshi voqea yuz bersa, yana ichgisi kelib qolardi. Ayniqsa, ilk qadahlarni ichib, kayfi endi koʻtarilib kelayotgan paytlarda beklari bundan keyingi ichkilik majlisga taklif qilsalar osonlikcha rozilik berib qoʻyardi. Bugun peshindagi oʻltirishda ham xuddi shunday boʻlgan, «kechasi kemada bazm qilurmiz» deb beklarni oʻzi ziyofatga taklif qilgan edi.

Holbuki tushda ichilgan mayning gʻubori haligacha tarqamasdan borligʻini lohas qilmoqda edi.

Bobur mulozimlari va xos navkarlari bilan Jamnaga yaqinlashganda daryo boʻyidagi koʻkalam yalanglikda dafn marosimi oʻtkazayotgan barahmanlar, ayollar, keksa-yosh yuzdan ortiq odamlarni koʻrdi. Bobur dafn marosimini yaqinroqdan kuzatmoqchi boʻldi-yu, otini oʻsha tomonga burdi.

Panipatdagi jangning dahshatli tafsilotlarini eshitgan odamlar otliqlardan qoʻrqib, marosimni buzib qocha boshladilar. Bobur yaqin borganda yondirishga tayyorlab qoʻyilgan oʻlik oldida bitta motamsaro kelinchak, keksa ayol va munkaygan bir barahman chol qolgan edi. Oʻtin ustida chalqancha yotqizib qoʻyilgan jasadning peshonasini toʻfangdan merganlarcha otilgan oʻq qoraytirib teshib oʻtgan edi.

Bu rajput yigitni Bobur qaerdadir koʻrganday boʻldi. Ha, Panipat jangidan bir kun oldin Humoyun Hamidxon degan afgʻon sarkardasini yengib, uning uch yuz navkarini asir olib kelgan edi. Ibrohim Lodi bilan boʻladigan jang hali oldinda. Uning qoʻshini sakkiz barobar koʻp. Shuning tahlikasi ta’sirida Bobur asirlarga nisbatan ayovsiz bir siyosat ishlatganini esladi.

Ibrohim Lodi qoʻshinlarida toʻfang yoʻq. Asir olinganlar ham toʻfangdan odamni otib oʻldirish mumkinligini bilishmaydi. Ular koʻproq hind xudolaridan boʻlmish Shivaning qahridan qoʻrqishadi. Rajputlarning e’tiqodi boʻyicha, agar Shiva astoydil gʻazablansa, ikki koʻzidan tashqari peshonasida uchinchi koʻz paydo boʻladi. Shiva kimgaki shu uchinchi koʻzining qip-qizil olovini sochsa, oʻt tekkan odam til tortmay oʻladi...

Bobur mana shu diniy e’tiqoddan harbiy maqsadda foydalanmoqchi boʻldi-da, asirlardan yuztasini bir chetga saf qildirdi. Ularning qarshisiga yuzta toʻfangandozni qoʻydi va yigirma qadam joydan oʻt ochishni buyurdi. Oʻsha toʻfanglardan otib oʻldirilgan asirlarning biri — peshonasidan oʻt tekkan mana shu yigit edi.

Tirik qolgan asirlar toʻfangdan otilgan olovli oʻq odamni qanday oʻldirishini umrlarida birinchi marta koʻrib dahshatga tushdilar. Ulardan biri osmonga qoʻl choʻzib:
— O Shiva! Rahm qil, Shiva! — deb baqirdi.

Bobur vahimadan titrayotgan yuzta asirga tarjimon vositasida murojaat qildi:
— Ha, bizda Shivaning koʻziday shafqatsiz olov sochadigan qurol bor! Sizlarni hozir ozod qilgaymiz. Borib yurtdoshlaringizga aytinglar! Biz bilan urushganlar mana shu olovning zarbidan halok boʻlurlar! Urushmay taslim boʻlganlar sizlar kabi omon qolurlar!

Tirik qoʻyib yuborilgan yuzta asir bu gaplarni shaharu qishloqlarga tarqatdilar. Hozir Jamna boʻyida dafn etilayotgan jangchi yigitning yaqinlari ham uning Shiva olovini eslatadigan bir balodan halok boʻlganini eshitgan edilar.

Marhum jangchining yoshgina xotini oʻzini erining jasadi bilan birga olovga tashlab kuydirishga tayyorlanmoqda edi. Bobur sochlari yoyilib yelkasiga tushgan kelinchakning yuzida oʻlim sharpasini koʻrdi-yu, hindlardagi sati odatini esladi.

Agar kelinchak tirik qolsa, umr boʻyi azadorlik kiyimida yurishi, kuniga faqat bir marta ovqat yeb, boshqa er qilmay, to oʻlguncha azob-uqubatda yashashi kerak edi. Mabodo kelinchak bunday zabun hayotni oʻziga munosib koʻrmasa, sati odatiga boʻysunib, erining mur-dasi bilan birga olovda yonib ketishi kerak edi...

Keksa barahman jasadning tagidagi oʻtinlarga birdan oʻt qoʻyib yubordi. Maxsus moy sepilgan oʻtin lovillab yonib ketdi. Kelinchak olov ichida qolayotgan jasadga qarab bir talpindi-yu, lekin joni shirinlik qilib, orqaga chekindi.

Bobur Hindubekka yuzlandi:
— Nahotki shunday goʻzal kelinchak oʻzini olovga tashlasa? Bu ne jaholat?! Barahmanga bizning buyrugʻimizni ayting! Kelinchakni olib ketsin!

Hindubek otini chu-chulab barahman bilan kelinchakka yaqinlashdi-da, hindchalab bir narsalar dedi. Kelinchak Boburga tez oʻgirilib qaradi:
— Fotihlarning podshosi shumi? Mening erimga Shivaning olovini shu odam sochganmi? — kelinchak ikki qoʻlini Bobur tomonga choʻzdi: — Agar senda Shivaning qudrati boʻlsa erimni tiriltirib ber! Oʻshanda men ham tirik qolurmen! Sen Shiva boʻlsang, endi bizga rahm qil! Tiriltir!

Hindubek bu iltijoni tarjima qilganda Bobur sarosima boʻlib:
— Hushi joyidami? — dedi. — Men Shiva emasmen! Oʻlgan odam endi tirilmagay! Kelinchakni qutqaring!

Bu gaplarning tarjimasini eshitgan kelinchak birdan gʻazablanib qichqirdi:
— Shiva boʻlmasang, nechun yolgʻon ovoza tarqatding? Nechun mening erimni oʻldirding?! Endi mening oʻlimimga ham sen sababchi boʻlursen!

Kelinchak olovga yaqinlashar ekan, Bobur Hindubekka:
— Ushlang, ushlang! — dedi.

Hindubek ot ustidan kelinchak tomonga intilib, uni oʻngarib olmoqchi boʻldi. Ammo kelinchak Boburga qarata:
— Ket bosqinchi! Yoʻqol! Yurtingga ket! — deb qichqirdi-da, Hindubekka chap berib, oʻzini olovga otdi va erining yonayotgan jasadini quchoqlab oldi.

Lovullab yonayotgan olov darhol kelinchakning harir kiyimlariga va yelkasida yoyilib yotgan qora sochlariga ilashdi. Bobur uning olov ichida achchiq ogʻriqdan chinqirib yuborganini eshitdi, shunda ham jangchi erining jasadini quchogʻidan qoʻymayotganini koʻrdi-yu, larzaga kelib, otini orqaga burdi.

U Jamnaning sokin qoʻltigʻida langar tashlab turgan ikki oshiyonlik kemaga tomon otini yeldirib borayotganda orqadan esgan shamol olovda kuygan odam tanasining koʻngilni aynitadigan chuchmal hidini olib keldi.

Kemaning pastki qavatida bakovul va oshpazlar podshoning tushlik taomi uchun kabob pishirmoqda edilar. Bobur kemaning «tolor» deb ataladigan boloxonasiga koʻtarilayotganda, mangʻalda pishayotgan kabobning tutuni va hidi boyagi olovning chuchmal hidini eslatdi-yu, birdan koʻnglini behuzur qildi. U bakovulga oʻgirilib:
— Mangʻalni oʻchirtiring! — dedi.
— Hazratim, sizga tushlik...
— Tushlik kerak emas.
— Ammo kechqurungi ziyofat...
— Ziyofat qoldirilsin!..

Bobur gʻamgin yuz bilan tolorga bir oʻzi chiqib keldi. Hademay pastki qavatga ham jimlik choʻkdi. Shu jimlikda oʻzini olovga tashlagan kelinchakning chinqirigʻi goʻyo qayta eshitila boshladi... Panipatdagi harbiy gʻalaba bu chinqiriq ta’sirida Boburga ma’naviy magʻlubiyatdek tuyulib ketdi. Shiva haqidagi rivoyatdan siyosat uchun foydalangani ilgari harbiy ishda xatarli asnoda joiz bir choradek koʻringan boʻlsa, endi olovda yongan goʻzal kelinchak buning qanchalik gʻayriinsoniy shafqatsizlik ekanini uning koʻziga baralla koʻrsatdi.

Panipat zafari... Taqdir unga shunday ulkan gʻalabani nega Movarounnahrda bermadi? Vatanida jang qilsa, hech kim uni bosqinchilikda ayblay olmas edi-ku!

Uzoqlarda qolgan Mohim begim esiga tushdi. Koʻrmaganiga olti oydan oshyapti. Soʻnggi marta suhbatlashganlarida Mohim begim bugungi dahshatlarni oldindan sezganday, qanchalik iztirobga tushgan edi!..

Boyagi kelinchakning: «Ket, bosqinchi! Ket!» deb qichqirgani uning qulogʻi ostidan ketmas edi. Bobur ichida: «Yorab, bu ne koʻrgilik!» dedi-yu, xayolini boshqa biron narsa bilan band qilish uchun daftar-qalam oldi. Sevgan yoridan va tugʻilib-oʻsgan diyoridan uzoqda u oʻzini behad tolesiz, baxtsiz sezgan paytlari koʻp boʻlar edi. Hozir ham shu ogʻir tuygʻu yuragini chulgʻab oldi. Bobur koʻnglini daftariga boʻshatgisi kelib, birinchi satrni yozdi:

Tole’ yoʻqi jonimga baloligʻ boʻldi.

U keng qirgʻoqlar orasidan tovushsiz jim oqib oʻtayotgan Jamnaga tikildi. Botib ketgan quyoshning quyuq shafagʻidan daryo suvi qizgʻish koʻrinadi. Boburning nazarida, daryo suvini shafaq emas, janglarda toʻkilgan qonlar qizartirib yuborganday tuyuldi.

U iztirob bilan keyingi satrlarni yozdi: Har ishniki ayladim xatoligʻ boʻldi,
Oʻz yerni qoʻyib Hind sori yuzlandim,
Yorab, netayin, ne yuz qaroligʻ boʻldi!

* * *

Gʻira-shira qorongʻilikda oʻng qirgʻoqdan katta bir qayiq chiqib, kemaga qarab kela boshladi. Kemaning pastki qavatidan qoʻrchiboshi:
— Kim u qayiqdagi? — deb soʻraganini Bobur ham eshitdi-yu, qayiqqa tikilib qaradi.

Qayiqning oltitami-sakkiztami eshkagi bor edi.
— Mirzo Humoyun hazrati oliylarining huzurlariga ijozat soʻraydilar! — deb javob berdi qayiqdan yoʻgʻon bir tovush.

Humoyun bilan koʻpdan beri yakkama-yakka suhbatlasha olmagan Bobur bugun oʻgʻli bilan bir dardlashgisi keldi-yu, pastdan savdarni chaqirdi:
— Ayting, Humoyun tolorga chiqsin!

Koʻp oʻtmay tolor zinasida vazmin qadam tovushlari eshitildi. Humoyun eshikdan kirganda Bobur uning chaqnagan navqiron koʻzlariga, endi lab ustini qoplagan nozik moʻyloviga, kuchga toʻlib turgan xipcha, sogʻlom gavdasiga havasi kelib tikildi. Boburni qiynayotgan iztirobli tuygʻular, uni behalovat qilgan issiqlar Humoyun uchun goʻyo yoʻq edi. «Oʻn sakkiz yoshimda men ham shunday yigit edim-a, endi nimam qoldi?» degan oʻydan Boburning koʻngli qattiq ezildi.

Ota-bola koʻrishib-soʻrashganlaridan soʻng, Humoyun otasining roʻbaroʻsiga choʻkka tushdi-da, kulimsirab qoʻynidan chiroyli sadaf quticha oldi.
— Hazratim, shuni bir ochib koʻring.

Bobur qutichani qoʻliga olib shoshilmay ochdi. Qora baxmal mato orasidan olmosga oʻxshash serjilva bir tosh yulduzday charaqlab koʻrindi. Lekin toshning yongʻoqday kattaligiga qarab, Bobur uning olmosligiga ishongisi kelmasdi. Juda koʻp xazinalarni va xilma-xil javohirlarni koʻrgan Bobur bunchalik katta olmosni hali uchratmagan, olmos donasining bu qadar ulkan boʻlishini tasavvur ham etmas edi.
— Bu qanday javohir? — deb soʻradi Bobur oʻgʻlidan.
— Olmos emish.

Bobur nur jilvasiga choʻmib oʻynayotgan toshni qoʻliga olib salmoqlab koʻrdi:
— Vazni yetti-sakkiz misqol kelur. Nahot shunchalik katta olmos boʻlsa?
— Men bir muqayyim[32]ni chaqirib koʻrsatdim. Mash-hur Koʻhinur[33] olmosi shu, dedi. Olamda bundan katta olmos yoʻq emish. Bahosi sandiq-sandiq oltinlardan baland emish.
— Men Bangola podshosi Sulton Aloviddinda ulugʻ bir olmos bor deb eshitgan edim. Ta’rif qilgan edilarki, shu bitta olmos katta bir mamlakatning bir oylik sarfu xarajatini koʻtargay.
— Muqayyimning aytishicha, mana bu olmosning qiymati tamomi olamning ikki yarim kunlik sarfiga barobar ekan.
— Sen buni qaerdan olding?

Humoyun oʻngʻaysizlanib jilmaydi-yu:
— Gvalior rojasining xaylxonasida peshkash qildilar,— dedi.
— Nechun?

Humoyun voqeani hikoya qilar ekan, Bobur Gvalior viloyatida yuz yildan beri hokimlik qilib, juda katta boylik orttirgan roja Bikramadit’yaning hashamatli qasrini koʻz oldiga keltirdi. Bikramadit’ya Ibrohim Lodiga boʻysunmasdan, u bilan uzoq vaqt urush qilgan, oxiri Gvaliorni Ibrohimga berib, oʻzi Shamsobod degan joyga koʻchib ketgan va koʻp oʻtmay vafot etgan edi. Panipatdagi gʻalabadan keyin Humoyun boshliq ilgʻorlar Dehlidan oʻtib borib koʻp qasrlarni ishgʻol qildilar. Shu qasrlardan birida oʻlib ketgan oʻsha rojaning boʻy yetgan ikki qiz, bir oʻgʻli va ularning onalari yashab turgan edi.

Rojaning yigirma yoshlardagi oʻgʻli Humoyunni yaxshi qarshi oldi:
— Sizlarning dushmanlaringiz boʻlgan Ibrohim Lodi bizning ham dushmanimiz edi, uning magʻlub boʻlganidan biz shodmiz, — dedi. — Endi ruxsat beringizlar, biz Shamsoboddan ona yurtimiz Gvaliorga qaytib ketaylik.

Humoyun ham yosh roja bilan iliq muomala qildi-yu, lekin Gvaliorga koʻchib ketish uchun oʻzi ruxsat bera olmasligini, podshohni kutish kerakligini aytdi. Oʻsha kecha Vays degan bir bek ellikkacha yigiti bilan rojaning qasrida tunadi. Humoyunning oʻzi qasrning hovlisidagi boqqa chodir tiktirib, kechasi chodirda uxlab yotganda ichkarida koʻtarilgan toʻpolonni eshitib uygʻonib ketdi. Qoʻrchilarini yoniga olib, qasr ichiga chopib kirsa, Vaysbekning yigitlaridan biri eshik oldida qonga belanib oʻlib yotibdi. Qandillarda shamlar yonib turibdi. Ikkinchi qavatning zinapoyasida turgan oʻn sakkiz yoshli goʻzal qiz chuvalib yotgan ipak sarisini titroq qoʻllari bilan olib, yalangʻoch yelkasiga yopishga urinyapti. Rojaning oʻgʻlini besh-oltita navkarlar oʻrtaga olib, qoʻlidagi qilichini urib tushirishdi.

Ma’lum boʻlishicha, Vaysbek rojaning shu qizini yoqtirib qolib, navkarlari yordamida oʻz boʻlmasiga kuch bilan olib keltirmoqchi boʻlgan. Qizning akasi qilich yalangʻochlab himoyaga chiqqan. Qizni koʻtarib ketmoqchi boʻlgan navkarni qilich bilan urib yiqitgan. Endi buning qasdiga navkarlar yosh rojaning oʻzini oʻldirmoqchi edilar.

Humoyun gap nimadaligini surishtirib bilgach, nav-karlarga:
— Rojani boʻshating! — deb buyurdi. — Oʻz singillarini bunchalik mardona himoya qilgan yigit ehtiromga sazovor. Podshoh hazratlari bunday kishilar bilan yaxshi muomalada boʻlishni buyurgan edilar. Farmoni oliyni unutgan shahvatparast Vaysbek hibsga olinsin! Qizni iliklamoqchi boʻlgan navkarlar oʻn darra kaltaklansin!

Xos navkarlar bu buyruqni bajarmagunlaricha Humoyun ularning tepasidan ketmay turdi. Bu orada zinapoyadan yosh rojaning onasi qoʻlida kichkina sadaf quticha bilan tushib keldi. U oliy tabaqaning oʻqimishli ayollaridan edi, koʻp tillarni bilardi, Humoyunga forschalab gapirdi:
— Shahzoda, mening bisotimdagi eng katta boyligim— mana shu qutichaning ichida. Menga farzandlarim dunyoning hamma boyliklaridan azizroq. Siz oʻgʻlimning jonini qaytarib bergandek boʻldingiz. Mana bu qutichadagi ulugʻ olmosni sizga peshkash qilaman!
— ... Voqeaning tafsili shu, — dedi Humoyun va otasiga «Bir navkarning oʻlgani-yu, Vaysbekning jazolangani uchun gap eshitmasmikinmen?» degandek termilib qaradi.

Bobur ogʻir tin oldi-yu:
— Alqissa, bu goʻzal olmos ham zoʻravonligu xunrezlik balosini koʻrib kelmishmi? — dedi.
— Hazratim, mendan xatolik oʻtgan boʻlsa afv eting. Men oʻyladimki, oʻz or-nomuslarini shunday bebaho olmosdan ham ortiq qadrlaydigan odamlar gʻayridin boʻlsalar ham...
— Rost, bu mamlakatda shunday or-nomusli odamlar borligini oʻylasam, mening ham koʻnglim koʻtarilur, oʻgʻlim! Ammo bizning nazari past beku navkarlarimiz zoʻravonligu talonchilik bilan hind elini bizdan choʻchitmoqdalar. Axir bizning maqsadimiz faqat mamlakat olmoq emas edi-ku. Biz Hindistonda katta davlat tuzish orzusini koʻnglimizga tugib kelgan edik. Yagona qudratli davlat barpo etilishidan hind eli ham manfaatdor emasmi? Barcha oʻlkalar birlashsa, elning tinkasini quritgan ichki urushlar toʻxtamasmi? Ulus tin-chib, ilmu san’atning ravnaqi osonlashmagaymi? Buni sezgan hindistoniylardan Dilovarxon, Hindubek kabilar biz bilan hamkorlik qilmoqdalar. Biz endi butun hind elining koʻnglini olmoqqa intilmogʻimiz darkor, oʻgʻlim!
— Hind elining koʻnglini olmoq?! — taajjub bilan soʻradi Humoyun. — Qonli janglar vahimasidan qoʻrqib, shaharu qishloqlarini tashlab qochmoqda boʻlgan ming-ming odamlarning koʻnglini biz qandoq olgʻaymiz?

Bobur Panjobda yoʻlni adashtirib, fotihlarni xarob qilmoqchi boʻlgan filbonni va boya «Ket, bosqinchi!» — deb qichqirib oʻzini olovga tashlagan kelinchakni esladi:
— Ha, bu juda mushkul muammo! — Bobur miz ustida turgan sadaf qutichani qoʻliga oldi. — Umidvormen, shoyad bu muammoni yechishga muyassar boʻlsak. Axir mana sen bir qancha hindistoniylarning koʻnglini olmishsen-ku. Dehliga kelgan kuning ibodatxonada bu elning muqaddas tuygʻularini himoya qilmishsen. Buning hammasiga loyiq mukofot mana shu olmosdir! Ol, haloling boʻlsin!
— Hazratim, — deb Humoyun qutichani olmay qoʻlini koʻksiga qoʻydi, — bu olmosni men sizga atab keltirdim.

Bobur sadaf qutichani yana miz ustiga qoʻydi-yu, ovozi xiyol tovlanib:
— Sening bu saxovating uchun tangriga shukrlar qilamen, — dedi. — Panipat jangida sen menga eng birinchi boʻlib zafar keltirding, qoʻshinning ruhini koʻtarishga sababchi boʻlding. Men hali bu xizmatlaringni koʻnglimdagidek taqdirlaganim yoʻq.
— Lekin sizning avvalgi in’omlaringiz mening butun umrimga yetgulikdir, — deb Humoyun otasiga «Mubayyin»ni eslatgisi keldi. — Men ham sizga arzirlik bir armugʻon keltirish orzusida edim...
— Unday boʻlsa, mayli, men bu armugʻoningni bir marta qabul qilay. Endi shu olmos menikimi?
— Sizniki!
— Lekin taqdir menga dunyodagi barcha olmoslardan qimmatliroq bir mukofot bermishdir. Bu mukofot — mening sendek oʻgʻlim borligidir. Tojdor, taxtdor ota-oʻgʻillar orasida qandoq yomon baxilliklar, qandoq razil xunxoʻrliklar boʻlganligi senga sir emas. Men istaymenki, bu balolar senu menga hech vaqt yovuq kelmasin. Xudodan tilagim shuki, mendan senga, sendan avlodlaringga saxovatu mardlik, fidokorligu olijanoblik meros boʻlib qolsin. Bu fazilatlar bizni ulkan togʻ silsilasidek doimo bir-birimizga bogʻlab tursin. Ana oʻshandagina biz Hindistonga kelib koʻzlagan ulugʻ maqsadlarimizga yetishgaymiz.
— Siz aytgan ulugʻ maqsadlar uchun oʻgʻlingiz jonini berishga ham tayyor!
— Bunga mening ishonchim komil. Shuning uchun bu noyob olmosni men faqat senga munosib koʻrurmen. Ol!

Humoyun endi oʻrnidan sakrab turdi-yu, sadaf qutichani ta’zim bilan otasining qoʻlidan olib, koʻziga surdi. Boburning boyagi behalovatligi va tushkun kayfiyati endi tarqab ketgan, koʻnglida yana yaxshi istiqbolga ishonch tuygʻusi mavj urar edi. U Humoyunga:
— Oʻtir, — dedi-da, qarsak chalib savdarboshini chaqirdi: — Hindubekni chorlang. Xoʻja Xalifa bilan birga kirsin.

Chaqirilganlar kelguncha Bobur Humoyunga Agradagi ahvol toʻgʻrisida gapirib berdi:
— Qoʻrgʻonni Ibrohimning onasi, oʻgʻli, Malikdod Koroniy otliq vaziri mingdan ortiq xos askarlari bilan berkitib olmishlar. «Soʻnggi odamimiz qolguncha jang qilurmiz» deb ahd qilmishlar. Bu ahdni bizning qoʻshin bir hamla bilan koʻkka sovurmogʻi mumkin. Ammo yana xunrezlik boʻlur, shahar buzilib, bizga kerakli qancha odamlar hayf ketur!

Xoʻja Xalifa va Hindubek tolorga ta’zim qilib kirishdi. Bobur ularni qarshisiga oʻtqazgach:
— Sizlar Agraga bizdan elchi boʻlib bormoqlaringiz kerak, — dedi. — Maqsad — qoʻrgʻonni jangsiz olish. Molu jonlari omon qolsin. Ibrohimning onasi Jamna boʻyidan pargana[34] soʻragan emish. Mayli, beraylik, Ibrohimning oʻgʻli arabcha-forscha oʻrgangan ilmlik oʻspirin emish, uni saroydagi obroʻli mulozimlarim qatoriga qoʻshay. Malikdod Koroniyni tadbirkor vazir deb eshitdim. Uni Hindiston muammolari boʻyicha oʻzimga maslahatgoʻy qilib xizmatga olay. Borib, yaxshilab soʻzlashing. Yana qanday ma’qul tilaklari boʻlsa qabul qilaylik. Xullas, qirgʻin boʻlmasin, beva-bechora koʻpaymasin, deb shu yoʻlni tutmoqdamiz... Ya’ni, sizlarning vazifalaringiz — qal’a olish emas, balki qal’adagilarning koʻnglini olishdir!

Ogʻir janglarning oldingi safida qon kechib yurgan Humoyun bilan Hindubek Boburning bu tadbiridan yengil tortishib, bir-birlariga mamnun qarab olishdi.

Agra - Yo Hayot, Yo Mamot

1

Ibrohim Lodining onasi malika Bayda Panipat jangida oʻldirilgan oʻgʻli uchun aza tutib, boshdan-oyoq oq kiyinib yurar edi. Oraga qoʻyilgan odamlar unga istagan parganasini berib, Agrani jangsiz topshirishga koʻndirdilar. Malika qoʻrgʻon darvozalarining kalitini Jamna boʻyida Boburga topshirayotganda koʻzlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi.

Bobur bu salobatli kampirning keng peshonasi va bir-biriga qoʻshilgan qoshlarini qaerdadir koʻrganday boʻldi. Soʻng birdan Panipat esiga tushdi. Jang tugagandan keyin bir bek minglab oʻliklar orasidan Ibrohim Lodining jasadini izlab topgan va boshini kesib olib, uzun nayzaga sanchib Boburga keltirib koʻrsatgan edi. Endi qirq yoshlarga borgan Ibrohim Lodining keng peshonasi va payvasta qoshlari ham xuddi onasinikiga oʻxshar edi.

Boburga bir lahza shunday tuyuldiki, goʻyo Ibrohim Lodi toʻsatdan tirilib, onasining qiyofasiga kirib kelgan. Bobur allanechuk sarosima boʻlib:
— Malika, yigʻlamang, — dedi. — Bizdan yana qanday tilagingiz boʻlsa ayting?

Malika Bayda koʻz yoshini kafti bilan tez artdi:
— Menga boshqa ozor bermasalar boʻldi.

Bobur mulozimlari tomonga yuzlandi:
— Minba’d malikaga hech kim ozor bera koʻrmasin, hamma uni moʻ’tabar onamizdek ehtirom qilsin!

Mulozimlar bu topshiriqni ta’zim bilan qabul qildilar. Malika ham bosh egib, minnatdorchilik bildirgan boʻldi. Ammo uning yigʻidan namlangan koʻzlari poʻlat tigʻning sovuq jilosini eslatib nafrat bilan yaltirab ketganini hech kim koʻrmadi.

Malika Bayda oʻgʻlining kushandasini kechiradigan onalardan emas. Panipatdan mudhish xabar kelganda malika uchun osmon oʻpirilib yerga qulaganday boʻlgan edi. U oʻgʻlini soʻnggi marta koʻrishni istar, uning jasadini oʻz qoʻli bilan tuproqqa qoʻyib, qabrini quchoqlab yigʻlasa — koʻngli xiyol taskin topadiganga oʻxshar edi. Shuning uchun malika eng ishongan odamlarini Panipatga yuborib, Ibrohimning jasadini topib kelishni buyurgan edi.

Lekin Agra bilan Panipatning orasi uch-toʻrt kunlik yoʻl. To oʻlim xabari Agraga yetib kelguncha, soʻng Agradan malika yuborgan odamlar Panipatga borguncha oradan bir haftacha oʻtgan, ungacha oʻliklarning bir qismi koʻmdirilgan, bir qismi mechkay quzgʻunlar suyaklarigacha tozalab yeb ketgan edilar... Malika Bayda yuborgan odamlar sulton Ibrohimning jasadini topolmadilar, faqat jang kuni uning kallasini nayzaga sanchib Boburga eltib koʻrsatganlari haqida xabar topib keldilar... Oʻgʻlining jasadi qanday xor boʻlganini eshitgan onaning qaygʻu-alamlari avvalgidan oʻn hissa oshdi. U hatto joynamoz ustida namoz oʻqib oʻtirganda ham: «Ibrohimjon, endi bu olamda sening qabring ham yoʻq, xudo menga jasadingni ham koʻp koʻrdi! — deb nola qilar: — Ilohim, senga oʻlim keltirgan Boburning oʻzi oʻlsin, bundan ming hissa ortiq xor boʻlib oʻlsin!» — deb qargʻar edi.

Malikaning kanizlari va xizmatkorlari koʻcha-koʻydan unga taskin beradigan gaplar topib kelishardi. Boburning askarlari yem-xashakdan qiynalib, dehqonlarning ekinlarini otlariga yedirgan ekan, dehqonlar gʻalayon koʻtarib, navkarlardan bir qanchasini bolta va panshaxalar bilan urib oʻldiribdi. Fotihlarni Hindistonning issiqlari ham juda qiynab qoʻygan emish. Salqin togʻ havolariga oʻrgangan ot va odamlar bu yerning ayovsiz issigʻiga bardosh berolmay oʻlayotgan emish. Vabo va qora bezgak ham ularning saflarini siyraklashtirib qoʻyayotgan emish...

Malika ovozalarning qanchalik rostligini Bobur saroyida xizmatda yurgan nevarasi Bahodirdan surishtirib bilmoqchi boʻldi. Bahodir hafta-oʻn kunda kelavermagach, malika «uni saroydan chiqarishmasa kerak», deb oʻyladi-yu, kanizini podshoh mahkamasiga yubordi. «Men betobman, nevaramga ruxsat bersinlar, meni kelib koʻrib ketsin», degan ma’noda maktub yubordi.

Oʻn yetti yoshli Bahodir forschani va sanskritni yaxshi bilar, Bobur uchun zarur boʻlgan ba’zi hujjatlarni tarjima qilar edi. Saroyda boshqa tarjimonlar ham bor edi. Bahodirga koʻp ish buyurishmas edi-yu, lekin uni oʻzicha erkin ham qoʻyishmasdi. Bobur uni qattiq qoʻriqlab yurishni buyurgan edi. Bu qoʻriqchilar Bahodirni tashqi xatarlardan ehtiyot qilib yurganday koʻrinsalar ham, aslida ular shahzodani «Ibrohim tarafdorlari tomondan uyushtirilishi mumkin boʻlgan biron fitnaga bosh qoʻshmasin» deb sinchiklab kuzatishardi. Shu sababli Bahodirni saroydan koʻp chiqarishmasdi.

Biroq eshik ogʻa Muhammad Doʻlday malika Baydaning «Kasalman, nevaram kelib ketsin» degan mazmundagi xatini olgach, Boburning «Malikani moʻ’tabar onamizday ehtirom qiling» degan buyrugʻini esladi-yu, Bahodirga javob berdi. Faqat uning yoniga avvalgidan ikki barobar koʻproq navkar qoʻshdi-da, shu bugunoq qaytib kelishni tayinladi.

Nevarasi kelganda malika Bayda daryo boʻyidagi marmar koʻshkning nimqorongʻi ichki xonasida xastalarday shiftga tikilib yotgan edi. Yoʻlda issiqdan terlab-pishib kirgan nevarasiga yonidan joy koʻrsatdi-yu, majolsiz bir ahvolda oʻrnidan turib oʻtirdi. Nevarasining boʻgʻriqqan yuzlariga qarab hol-ahvol soʻrashdi. Yoz bu yil har yilgidan ham issiq kelganini aytdi.
— Fotihlar issiqqa bardosh berolmay oʻlayotgani rostmi? — deb soʻradi.
— Birda-yarim oʻlayotganlari bor, — dedi Bahodir.
— «Hindistonda turmaymiz, salqin joylarga qaytib ketamiz» deyayotganlari-chi?
— Podshohlari ketgani qoʻygaymi? Koʻpchilik uning izmidan chiqmas ekan. Oʻzi ham juda gapga usta notiq odam ekan. «Ketamiz», deb yurganlarni saroyga toʻplab, shunday bir gaplashdiki, hammasi jim boʻlib qoldi.
— Sen otangning qotilini... maqtayapsanmi?

Bahodir eshikka xavotirli koʻz tashlab qoʻydi. U oʻzi bilan birga kelgan hamrohlaridan xavotirda edi. Buni sezgan malika ovozini pasaytirib soʻradi:
— Ketingga odam qoʻyganlarmi?
— Ha, hech kim bilan yakkama-yakka gaplasholmayman. Hamisha yon-verimda qoʻriqchilar... Yomonlasam, darrov yetkazadiganlar koʻp.
— Qoʻrqma, bu xonada faqat biz ikkalamiz... Ilgari bizga xizmat qilgan odamlardan saroyda hech kim bormi?
— Otamning vaziri Malikdod Koroniy bor... Ke-yin... bizning kutubxonada ishlagan toʻrtta olim ham xizmatga olindi. Bilishimcha, Bobur hindistonliklarni oʻziga el qilmoqchi, ularni ishonchini qozonmoqchi. Shuning uchun otamning barcha oshpazlarini saroyga toʻplab, toʻrttasini oʻzi uchun tanlab olibdi.
— Shu bizning oshpazlar pishirgan ovqatlarni Bobur ham yermishmi?
— Ha, koʻrganlardan eshitdim. Bobur hindistoniy taomlarni yeyish bilan ham oʻzini bizning elga yaqin koʻrsatmoqchi boʻlsa kerak.

Malika ilgari oʻzining itoatida boʻlgan oʻsha toʻrtta oshpazdan birortasini qoʻlga olish mumkinligini oʻyladi-yu kutilmagan bir bardamlik bilan oʻrnidan turib ketdi. Uning qalbini oʻrtab yurgan qaygʻu-alamlar endi birdan yangi yoʻl topganday boʻldi. Zoʻr intiqom tuygʻusi uning xayollarini bir nuqtaga toʻplab, vujudiga kuch-quvvat berganday boʻldi. «Agar Bobur oʻldirilsa, uning odamlari bu yerda turolmaydi: ketadi, mamlakat yana oʻzimizga qoladi!» degan oʻy ham uning oshpazlarini qoʻlga olish haqidagi qarorini mustahkamladi. Malika ogʻzini nevarasinnig qulogʻiga yaqinlashtirib soʻradi:
— Oʻsha oshpazlarni sen koʻrdingmi?
— Koʻrdim.
— Ularning orasida Ahmad choshnagir yoʻqmi?

Bahodir buvisining avzoyi oʻzgarganidan allanechuk choʻchib:
— Yoʻq, — dedi. — Ahmad choshnagir Agradan Atovaga ketgan.

Malika Bahodirning eshikka yana xavotir bilan koʻz tashlab qoʻyganini koʻrdi-yu, kinoyaomuz iljaydi: «Bu nevaram boʻshroq, aygʻoqchisi ham koʻp ekan, sir berib qoʻysa juvonmarg boʻladi, men ham niyatimga yetolmayman», dedi oʻzicha va koʻnglidagi qaltis niyatni unga bildirmay gapni boshqa yoqqa burdi:
— Bizga shunchalik sodiq koʻringan odamlar hozir dushmanlarimizga xizmat qilyapti-ya! E, bevafo dunyo! Malikdod Koroniy ham, oshpazlar ham hammasi sotilgan! Lekin sen... dushmanlar bilan til uchida murosa qilu dilingni otangga sodiq tut!
— Hali ham shunday, buvijon! — pichirlab dedi Bahodir.

* * *

Nevarasi ketgandan keyin malika Bayda xastalik toʻshagini yigʻishtirdi, ilgarigi figʻon chekishlar va qargʻashlarni ham bas qildi. Uning fikru zikri — eng sadoqatli va tadbirkor odamlarini ishga solib, Boburni zaharlab oʻldirishga qaratildi. Malikaning atrofida fotihlardan qasos olishga tashna odamlar koʻp edi. Bobur askarlari bilan toʻqnashuvlarda birining akasi, birining inisi oʻlgan, biri ilgarigi makoni va mavqeidan ajralib xonavayron boʻlgan... Malika ana shunday qasoskorlarning eng ishonchlilarini izlay boshladi. Bobur ishga olgan toʻrt oshpazdan birining yolgʻiz inisi Panipat jangida halok boʻlgan edi. Malika zimdan surishtirib buni bilganda quvonib ketdi. Biroq oʻzi bu oshpaz bilan bevosita aloqa qilishni lozim topmadi. Chunki malikani hamma taniydi. Bobur odamlari sezib qolishlari mumkin.

Ilgari sulton Ibrohimning saroyida bu oshpazlar bilan birga ishlagan va ularga qadrdon boʻlib qolgan eng ishonchli odam — Atovaga ketib qolgan Ahmad choshnagir edi. Malika Agradan ancha uzoq boʻlgan Atovaga maxsus odam yuborib, Ahmad choshnagirni oʻz huzuriga taklif qildi.

Ahmad choshnagir Agradagi hovlisi va molu mulkidan ayrilib fotihlarga qarshi gʻazabga toʻlib yurar edi. Malika Bayda uni oʻz parganasiga ishga oldi, uy-joy va maosh berdi, soʻng asta-sekin koʻnglidagi niyatini aytdi. Ahmad choshnagir avval «uddalay olmayman» deb qoʻrqdi. Lekin malika unga dalda berdi, «inisi Panipatda oʻldirilgan oshpaz bilan gaplashib bersang boʻldi, qolgan ishni oʻzimiz qilamiz», dedi. Ahmad choshnagir saroyga qanday kirishni bilmas edi. Buning yoʻlini ham malika oʻzi topdi. Malika Bayda nevarasidan xabar olish uchun saroyga borishi mumkin edi. Malika nafis shohi va parchalardan sovgʻalar tayyorlatdi, soʻng bu sovgʻalarni Ahmad choshnagirga koʻtartirib saroyga bordi... Malika podsho qabuliga kirib chiqquncha Ahmad choshnagir eski qadrdoni boʻlgan oʻsha oshpazni topgan va u bilan ertasi kuni saroydan tashqarida uchrashishga kelishgan edi. Oradan bir haftacha oʻtgach, Ahmad choshnagir oshpaz bilan til biriktirganini malikaga kelib aytdi.
— U ham kelgindilarni daf qilishning yoʻlini bilmay yurgan ekan. Podshohlari oʻlsa hammasi daf boʻladi deb ishontirdim!
— Agar hamma ish oʻylaganimizday boʻlsa, otasining taxtini Bahodirjon oladi. Oʻshanda sizga katta bir pargana beramiz. Oshpaz ham katta mukofot oladi.
— Ilohim shu niyatimizga yetaylik! Vatanimiz berahm fotihlardan xalos boʻlsin!
— Omin!

Ahmad choshnagirning saroy oshpazi bilan kelishuviga binoan, Boburning ovqatiga solinishi kerak boʻlgan zaharni malika oʻzining eng ishonchli bir kanizidan berib yuborishi kerak edi. Endi ular mana shu nozik ishni qaysi kanizga topshirishni oʻylay boshladilar..

2

Uch oydan beri muttasil koʻtarilib borayotgan jazirama issiqlar hindcha ashora deb ataladigan toʻrtinchi oyga[35] kelib juda avjiga chiqib ketdi. Yomgʻir faslining boshlanishiga hali salkam bir oy bor. Toʻrt oydan beri nam koʻrmay qurib yotgan yer issiqning zoʻridan tars-tars yorilib ketgan.

Jamna daryosining chap qirgʻogʻiga — ilgarigi tashlandiq yerlar va chakalakzorlar oʻrniga qurilayotgan Zarafshon bogʻida hali soya joylar kam. Bobur qurilishni otliq aylanib koʻrar ekan, uzangi temirining issigʻi etikdan oʻtib, oyogʻini jizillatib uzib olayotganini sezadi. Oltin qoplangan egarning oftobda yaltirayotgan qoshini ushlaganda choʻgʻni ushlaganday boʻlib, qoʻli kuyar edi.

Shunday boʻlsa ham u issiqdan behalovat boʻlayotganini ketidan ergashib kelayotgan beklariga sezdirmas edi. Chunki bu beklar oʻlja tushgan xazinalardan katta-katta ulushlar olgandan beri salqin joylarga ketib, rohat-farogʻatda yashashga intilishar, Agra va uning atrofida yangidan imorat qurib, bogʻ-rogʻ qilishga toqatlari yoʻq edi.

Kobul va Gʻazni kabi salqin joylarga tezroq qaytib ketishning yoʻlini izlayotgan beklardan biri margʻilonlik Xoʻja Kalonbek edi.

Bobur unga uzun oq yaktak kiygan, kichkina oq salla oʻragan moʻysafid me’morni koʻrsatdi-yu:
— Tanidingizmi? — dedi.
— Andijonlik mavlono Fazliddinmi?
— Ha, Kobuldan biz bilan ketma-ket kelsin deb tayinlagan edim. Sangtarosh oʻgʻli bilan yetib kelib, mana shu bogʻning tarhini chizdi. Shundoq keksa odam chidagan issiqlarga nahotki biz bardosh bera olmasak?
— Lekin mijoziga issiq toʻgʻri kelmaydigan odamlar ham bor-da, hazratim. Kechagi bodi samumda[36] mening navkarlarimdan uchtasi tap-tap yiqilib jon berdi.
— Ajali yetgan boʻlsa, samum bir sabab boʻlgan, xolos, — dedi Bobur va ta’zim qilib peshvoz chiqqan mavlono Fazliddinga yuzlandi. — Hormang, mavlono... Qani arzingiz boʻlsa eshitgali keldik.
— Arzim shuki, hazrati oliylari, bizga fil bilan ishlaydigan filbonlar kerak. Bogʻ oʻrtasidagi marmar qasr uchun Dehalpurdan juda ogʻir toshlar olib kelmoqchimiz. Bunday toshlarni katta arobalarga faqat fillar ortib berishlari mumkin.

Bobur Panipat jangida filbonlari bilan asir olingan suruv-suruv fillarni esladi. Soʻng devonxonaga ishga olingan hindistonlik maslahatchisi Malikdod Koroniyga yuzlan-di:
— Janob Koroniy, harbiy fillarni mehnatga oʻrgatish mumkinmikin?
— Mumkin, hazratim. Fil juda ziyrak jonivordir. Filbonlardan eshitganim bor. Fillar qonli janglardan koʻra osuda mehnatga tezroq oʻrganar emishlar.
— Bizning qoʻshinlar fil yordami bilan jang qilishga odatlangan emaslar. Shuning uchun Panipatda oʻlja olingan harbiy fillarni qurilishlarda ishlatmoq mumkin. Janob Koroniy, bu farmonni shu bugunoq barcha filbonlarga yetkazing!
— Jonim bilan.

Koroniy buyruqni tezroq bajarish uchun hozir ketmoqchi edi, Bobur uni toʻxtatdi:
— Yana shaharu qishloqlarga maxsus tavochilar yuboring. Biz Ibrohimdan oʻlja olingan boyliklarni obodonchilik yoʻlida sarflamoqchimiz. Shuni barcha viloyatlarga ma’lum qiling. Qurilishlarda ishlash uchun sizga oʻn besh ming korgar yetarlikmi, mavlono?
— Yetarlik. Lekin hazratim marmar qasr bilan tosh voyin[37]ni bir yilda qurib bitirishni buyurgan edilar. Sangkorlik — tez boʻladigan ish emas...
— Sangtaroshlarni koʻpaytirsak-chi? — dedi Bobur.
— Men ham shuni iltimos qilmoqchi edim. Hindis-tonning havosiga Hirotu Samarqanddagi gʻishtu koshindan koʻra toshu marmar mosroqdir.
— Hozir qurilishlarimizda qancha sangtarosh usta bor, mavlono?
— Agraning oʻzida olti yuz sakson sangtarosh ishlatmoqdamiz. Sekrida, Dehalpurda, yana boshqa joylarda— jami ming toʻrt yuz toʻqson bir sangtarosh...
— Bu oz emas! — dedi Bobur. — Bobokalonimiz Amir Temur Samarqandda eng katta imoratlar qurdirganda turli mamlakatlardan ikki yuz sangtarosh borib ishlagan ekan. Tarixchi mulla Sharafiddin[38] buni favqulodda maqtab ta’riflagan ekanlar. Lekin Hindiston hunarpeshalarga shu qadar boyki, biz yuzlab emas, minglab usta-sangtaroshlarni ishga taklif etishimiz mumkin. Janob Koroniy, bizning qalamravimizdagi barcha shaharlarga jarchilar chiqaring. E’lon qilsinlarki, bizning qurilishlarimizga kelib ishlaydigan korgaru ustalarga istaganlaridan ham ziyoda haqlar toʻlanur, imtiyozlar berilur. Dinu millat ayirish yoʻq. Barcha ustalar avvalo xudoning, undan soʻngra bizning himoyamizda boʻlurlar!

Koroniy ta’zim bilan:
— Farmoni oliyga jonimiz fido! — dedi-da, otini burib, Agra tomonga yoʻl oldi.

Boshqa bek va mulozimlar tobora kuchayib borayotgan issiqdan betoqat boʻlib, daryoda langar tashlab turgan kemalarga qarab-qarab qoʻyishardi. Ular qurilishni koʻrib boʻlganlaridan keyin podshoh bilan birga shu kemalarga chiqib dam olishlari mumkinligini bilishardi. Shuning uchun qurilishga oid gaplar tugashini sabrsizlik bilan kutishmoqda edi.

Lekin Bobur me’mordan boʻlajak qasr bilan daryo oraligʻiga tushadigan marmar hammomning gumbazi va ichi qanday boʻlishini soʻradi.
— Ichi xuddi Samarqanddagi Ulugʻbek mirzo hammomidek sangfarsh qilinur, — dedi mavlono Fazliddin.— Lekin gumbazi mirzo hammomining gumbazidan xiyla ulugʻ boʻlur. Devorlari qizil toshdan ishlanur... Marmarning bir xosiyati shuki, yozda muzdek salqinlik berur.
— Boʻlmasa, marmar imoratlarni tezroq quringki, biz bu jaziramada kuyib kul boʻlmaylik! — dedi issiqdan boʻgʻriqqan Kalonbek.
— Marmar imoratlar tezroq bitsin desangiz, otdan tushib hashar qilishing, janob bek! — deb tegishdi mavlono.

Bobur uning javobidan mamnun boʻlib kuldi-da:
— Qalay, mavlono, issiq oʻzingizni koʻp qiynamadimi? — dedi.
— Qiynasa ham chidaymiz-da. Mana shunday katta obidalarni Andijonda quramen deb, qurolmadim. Hirotda quramen deb, qurolmadim. Chizgan tarhlarim oʻttiz yil sargʻayib yotdi. Qarangki, butun umr qilgan orzularim uzoq Agraga kelganimda roʻyobga chiqadigan boʻlib turibdir. Taqdiru nasibam shuni taqozo qilsa, issigʻi koʻzimga koʻrinurmi? Hindistoniy ustalar salqin tutadigan meva sharbatlariyu yengil taomlar yeyishar ekan. Men ham shunga oʻrgandim. Ertalab salqinda turib bir paxra[39] ishlaymen. Kun qiziganda bir paxra yotib dam olgaymen. Issiqning tafti pasaygach, yana bir paxra ishlagaymiz.
— Biz boʻlsak, ertayu kech sergoʻsht taomlar, qaziyu kaboblar yeyurmiz, — dedi Bobur Xoʻja Kalonga qarab.— Yana bu yetmagandek, olovli maylar ichurmiz.

Xoʻja Kalon ot ustida oftobning tigʻida turib shunday terlagan ediki, yuzi va peshonasidan sirqigan ter tomchilari mosh-guruch soqolidan oqib koʻkragiga tommoqda edi.

Boburning oʻzi ham har nafas olganda ichiga havo emas, olov kirayotganday boʻlardi. U me’mor bilan gapini tugatgach, otini daryodagi kemalar tomonga burdi-yu, yeldirib ketdi.

Otlar tez yurganda qarshidan shabada esganday boʻlar va nafas olish yengillashar edi. Shuning uchun Boburning ketidan boshqalar ham otlarini tez hayday boshladilar. Shu tarzda daryo sohiliga yaqinlashar ekanlar, Xoʻja Kalonning navkari mingan badaxshoniy qora ot surinib yiqilib tushdi. Badaxshonlik navkar oyogʻini otning tagidan tortib oldi-da, yuganni silkitib, otini turgʻizmoqchi boʻldi. Ogʻzidan qon aralash koʻpik kelayotgan ot bir-ikki talpinib koʻrdi, lekin oʻrnidan turolmadi.
— Buni ham oftob urdi! — dedi Xoʻja Kalon alam bilan. — Koshki bu mamlakatda ot topish oson boʻlsa!
— Janobi bek, bir ot uchun muncha iztirob chekmang, men buyuray, navkarlaringiz bizning taviladan bir ot olsin, — dedi Bobur.
— Gʻoyat minnatdormen, hazratim! — dedi Xoʻja Kalonbek. — Lekin gap faqat otda emas. Men bu oʻlimda oʻz istiqbolimni koʻrib iztirob chekmoqdamen!

Bobur otdan tushdi-yu, daryoda langar tashlab turgan «Osoyish» nomli ikki oshiyonlik muhtasham kemani Xoʻja Kalonbekka koʻrsatib hazillashdi:
— Hozir sizga mana bu istiqbol muntazir! Yuring!

* * *

Qayiqlarga minib kemaga yetganlarida Bobur Xoʻja Kalonbekni kemaning tumshuq tomonidagi xonai xosga boshladi. Kema daryo boʻylab suzib borar ekan, suvning shamoli eng avval shu xonaga tegar va ajib bir salqinlik berar edi.

Savdarlar daryoda sovitilgan norinj va limu[40] sharbatidan keltirdilar. Xoʻja Kalonbek muzday norinj suvidan bir chini kosa sipqardi-yu, nafasini sal rostlab, Boburning yuziga qaradi.
— Hazratim, siz ham qorayib juda ozib ketibsiz,— dedi. — Bizga bildirmaysizu, lekin ne chogʻlik qiynalib yurganingizni boshqalar sezmasa ham men payqaymen.
— Ha, endi... Siz bilan biz oʻttiz yildan beri birgamiz. Ne ranju ne mashaqqatlarni boshdan kechirmadik! Oʻshal gʻamu alamlarga nisbatan hozirgi azoblarimiz — davosini topsa boʻladigan dardlar-ku.

Xoʻja Kalonbekni yana ter bosdi. U qoʻynidan ipak roʻmolcha olib, peshonasidan koʻziga oqib tushgan terlarini artar ekan:
— Afsuski, yoshim ketib qoldi, — dedi. — Yigitlikda issiq-sovuqni farq qilmas edik. Hozir ellikdan oshdik... Sezib turibmenki, Hindning bodi havosidan bir haftada bir yoshga qarimoqdamen. Eski beklardan Qosimbek qavchin bor edi. Bu yil keksayib, dunyodan koʻz yumdi. Bu ahvolda men ham koʻpga bormasmen, hazratim!
— Unday demang, janob Kalonbek. Issiqqa ham odatlanurmiz.
— Movarounnahrday salqin oʻlkalardan chiqqan odam hind issigʻiga oʻrganishiga aqlim bovar qilmaydir!
— Nechun! Asli Shahrisabzning lochin urugʻidan boʻlgan Xisrav Dehlaviy Hindda yetmish yil umr koʻrmish. Bunisiga ne deysiz?

Xisrav Dehlaviy — Xoʻja Kalonbekning sevimli shoirlaridan edi. Dehlidan oʻtganlarida Kalonbek ham Bobur bilan birga Xisrav Dehlaviyning Nizomiddin Avliyo maqbarasiga qoʻyilgan qabrini ziyorat qilgan edi. Oʻsha yerda Kalonbek Dehlaviyning «Roʻy ba Hind ovardoni sohibdilon bechiz nest!» degan mashhur satrini eslagan, «biz ham endi Hindga kelgan sohibdillardanmiz» degandek magʻrurlangan edi. U paytda hali issiqning tafti bunchalik baland emas edi. Xoʻja Kalonbekning Hindistondan qaytib ketish istagi ham hozirgichalik kuchli emas edi. Bobur Dehlaviyni eslatish bilan Kalonbekning avvalgi ahdida turolmayotganini aytmoqchi edi.

Xoʻja Kalonbek buni payqab, tomoq qirdi:
— Hazratim, Dehlaviy ulugʻ odam boʻlgan, — dedi.— Mening ulugʻ odamlarga tenglashadigan qudratim yoʻq ekan...
— Siz yana avvalgi e’tiqodlaringizga zid gapirmoqdasiz. Maqsad ulugʻ odamlarga tenglashmoq emas, balki ularning nek ishlarini davom etkazmoq edi-ku. Bizni maftun qilgan hodisa — Xisrav Dehlaviyning qalbida turkiy ulusning qudrati bilan hind elining dahosi bir-biriga payvand boʻlib, ulugʻ natija berganligi emasmidi?

Xoʻja Kalonbek e’tirozga soʻz topolmay tasdiq ma’nosida bosh irgʻadi va dasturxonda turgan limu sharbatiga qoʻl choʻzdi.

Ular Dehlaviy haqida ilgari ham koʻp soʻzlashgan edilar. Laxoʻr, Dehli va Agrada Dehlaviyning hind tilida bitgan qoʻshiqlarini musulmonlar ham, otashparast va budparastlar ham toʻyu tomoshalarda kuylab yurganlarining guvohi boʻldilar. Dehlaviy Boburdan ikki yuz yil oldin oʻtgan boʻlsa ham uning gʻazallari, kuylari, qoʻshiqlari xuddi bugun bitilganday yangi va ta’sirli edi. Bobur Dehlaviyning Hindistondagi barcha ellarni ahillikka da’vat etib ketganini, agar bu mamlakat dinu millat nizolaridan baland tursa va tarix maydoniga yakdilu yaktan boʻlib chiqsa, jahonning eng ulugʻ qit’asiga aylanishi mumkinligini ayta boshladi.

Boburning bu gaplarni aytishdan maqsadi — Xoʻja Kalonbekni Hindistonda olib qolish edi. Lekin Xoʻja Kalonbek doʻstlari davrasida chogʻir ichib oʻltirganda: «Shu bu yil Hinddan ketmasam yuzim qora boʻlsin!» — deb qasam ichgan edi. Endi u qasamxoʻr boʻlib qolmaslik uchun ham Hindistondan ketishga intilmoqda edi. U Boburning nutqi va mantiqi juda zoʻrligini yaxshi bilar, Bobur keltirgan kuchli dalillarga jim turib quloq solar, lekin e’tiroz uchun qulay payt poylar edi.
— Hindning qadimiy madaniyatini Beruniy qanchalik ulugʻlab yozganini bilursiz, — soʻzida davom etdi Bobur. — Bu elda iste’dodu salohiyat konlari hozir ham beadad. Faqat inqirozli davrlar bu konlarni berkitib ketmishdir. Biz bu konlarni qaytadan ochmogʻimiz mumkin. Hunarmandlar behisob. «Ish topib bersangiz qilgʻaymen», deb muntazir turgan qurur-qurur[41] zahmatkashi bor. Xazinalarini oʻzingiz koʻrdingiz. Aholisiyu boyligining ulkanligini yana shundan bilsa boʻlurki, bizda yoʻq raqamlar bularda bor. Yuz qurur — bir arb[42]. Yuz arbni qarb derlar. Yuz qarbni nil[43] derlar. Yuz nil — padam[44]. Birgina Dehli viloyatidan har yili davlat xazinasiga tushadigan daromad uch qururu oltmish toʻqqiz laku ellik ming tangadan ortiq. Bunday viloyatlar Hindistonda ozmi? Siz shu viloyatlardan qaysi birini ma’qul koʻrsangiz, shunisini beraylik.
— Hazratim, menga Gʻaznini inoyat qilsangiz, marhamatingizdan umrbod minnatdor boʻlur edim.
— Yana Gʻazni deysiz-a! Gʻaznida nechogʻlik tangdastlik bilan kun kechirganlarimiz esingizdan chiqdimi? Mahmud Gʻaznaviyning buzilgan bandini tiklaymiz deb, uddasidan chiqolmagan edik. Odam topsak, mablagʻ topilmas edi, mablagʻ topsak, yana biron narsa yetishmas edi. Bu yerda hammasi bor. Kuchu qudrat ummonday cheksiz!
— Lekin bu ummon mendek... musofirni nom-nishon qoldirmay yutib yuborishidan qoʻrqamen!

Xoʻja Kalon «mendek musofirni» deb faqat oʻzi haqida gapirayotganday koʻrinsa ham aslida u Bobur bilan kelgan barcha vatandoshlarini nazarda tutmoqda edi. «Bu ulkan mamlakatga bir urvoq ham boʻlolmaymiz, katta xalqqa aralashib yoʻq boʻlib ketamiz, undan koʻra oladigan oʻljamizni olib, shimolga tezroq qaytib ketaylik», deb yurgan beklar yolgʻiz Xoʻja Kalon emas edi. Bobur shuni oʻyladi-yu:
— Maqsad nom-nishon qoldirish boʻlsa, — dedi,— odam shu maqsadga oʻzini fido qila bilishi kerakmi yoʻqmi? Biz oʻrgangan salqin bogʻlar, ravon ariqlar bu yerda yoʻq. Uzum yoʻq, qovun yoʻq, yax yoʻq. Yaxshi ot yoʻq. Sulton Ibrohimdek podshoning saroyida shamu shamdon ishlatilmas ekan. Yuz-ikki yuz charogʻbon davtiylar tirik shamdon boʻlib xizmat qilar ekanlar. Chap iliklariga sepoya bor chirogʻni tutib, oʻng iliklariga yogʻ solingan kaduni koʻtarib, ulugʻlariga chirogʻ kerak boʻlganda oʻtrularida shamdonga oʻxshab turar ekanlar... Men buyurdimkim, hunarmandlarga bizning shamdonlaru qandillarni koʻrsatib, shundaylarini yasatsinlar. Bir oy oʻtmay saroyga yetgulik shamdonu qandil tayyorlandi. Shamgarlik ham joriy etildi. Tok ektirdim, nasib qilsa hind uzumini ham yermiz. Bugun koʻrib kelgan bogʻimizning oʻrni qanchalik besafo yerlar boʻlganini koʻrgan edingiz. Oʻlmasak, ushbu yerda Samarqandu Hirotning eng mashhur bogʻu chorbogʻlaridan ham goʻzalroq bogʻlar, koʻshklar barpo etilganini koʻrurmiz. Samarqandu Hirotda inqirozga yuz tutgan madaniyatni biz endi hind madaniyatiga qoʻshib yuksaltira olsak... Shuning hammasi bizdan nomu nishon boʻlib, avlodlar xotirasida qolmasmi, bek?
— Hazratim, niyatlaringizning ulugʻligiga tasanno ayturmen. Lekin vatanimizda qilmagan nek ishlarni begona yurtda qilsak, kim buning qadriga yetur? Ne qilsangiz ham biz kelgindi fotihlarmiz. «Bular yigitlarimizni jangda oʻldirib, kishvarimizni zoʻrlik bilan olgan», deb ta’na qilmaslarmi? Paytini topganda qasos olmaslarmi?

Bobur ogʻir «uf» tortdi-yu:
— Ne qilay? — dedi. — Men shu orzularni vatanimda roʻyobga chiqaray deb ozmuncha olishdimmi?
— Sizdan oldin Hindistonni fath etgan Mahmud Gʻaznaviy katta oʻljalar olib, kerakli hunarpeshalarni Gʻazniga olib ketib ishlatgan. Ana!...
— Nahotki siz mening Mahmud Gʻaznaviyga oʻxshashimni istarsiz?
— Gustohligim uchun ma’zur tuting!
— Axir biz mamlakatni talab, boyliklariniyu hunarpeshalarini olib chiqib ketadigan qaroqchilar emasmiz-ku!
— Bir she’ringizda oʻz yerimizni qoʻyib Hind sari yuzlanganimizni yuzi qarolik deb atagan emasmidingiz, hazratim?
— Atagan boʻlsam, endi yuzimizga tekkan qaroni yuvib tashlash harakatidamen! Agar biz ham Xisrav Dehlaviydek shu mamlakatga farzand boʻlsak, butun aqlu zakovatimizni unga baxsh etsak, aminmenki, kelajak avlodlar oldida yuzimiz yorugʻ boʻlgʻusidir!

Xoʻja Kalonbek munozara yoʻli bilan Boburga soʻzini oʻtkazolmasligini endi aniq sezdi.
— Hazratim, sizning metin irodangiz bor, — deb endi Boburni maqtab yumshatishga tirisha boshladi. — Sizning boshingizga tushgan kulfatlar boshqa odamning boshiga tushsa, bardosh berolmas edi. Lekin siz hammasiga bardosh beribgina qolmay, yana shunday ulkan ishlar qilmoqchisizki, bunga jahon tahsin oʻqigʻusidir. Yillar oʻtgan sari men sizning ulugʻ bir siymo ekanligingizni tobora aniq sezmoqdamen. Mana hozir ham sizning yoningizda xuddi ulkan togʻ choʻqqisining domonasidagi kichik bir tepachadek, oʻzimga-oʻzim ojiz koʻrinib ketdim.

Xoʻja Kalonbek ovozi hayajondan titrab, koʻzi alamdanmi, oʻksinishdanmi chaqnab gapirmoqda edi. Buni koʻrgan Bobur uning koʻnglini koʻtargisi kelib, Dehlaviyning bir satrini eslatdi:
— «Asli kas az kas naboshad kam chu jumla az odamand»[45].
— Lekin besh qoʻl barobar emas, hazratim... Mening ahvolim oʻzimga ma’lum. Siz koʻtargan ulugʻ yukka yelkamni tutsam, mayib boʻlurmen. Meni besh-olti yil tirik yursin desangiz, ruxsat bering Gʻazniga boray. Mahmud Gʻaznaviydan qolgan oʻsha eski bandni tikla-tib, choʻlni obod qilay. Bu ishning butun savobini sizga bagʻishlay.

Bobur bu soʻzlarga e’tiroz qilmay, oʻylanib qoldi. Xoʻja Kalonbek koʻzlagan maqsadiga yetkazadigan yoʻlni endi topganini sezdi-yu, shosha-pisha soʻzida davom etdi:
— Hazratim, iltimosimni qabul eting! Umrimning oxirida duoi joningizni qilib orom olay. Oʻlsam, jasadimni Gʻazniga qoʻysinlar. Harna vatanimizga yaqinroq boʻlgʻaymen.

Bobur Xoʻja Kalonbekning koʻzi namlanganini koʻrdi-yu, oʻzining Humoyunga tayinlagan bir gapi esiga tushdi: «Urushda qon kechib yuribmiz, mabodo vafot etsam, meni Kobulga eltib koʻmgin» degan edi Bobur. Xoʻja Kalonbek ketsa, ular yana diydor koʻrisha olarmi-kinlar? Shu oʻy ta’sirida Boburning ham koʻngli buzilib, ovozi tovlanib eshitildi:
— Ketingizdan boshqa bek-navkarlar ergashsa... men kim bilan qolgʻaymen?
— Hamma beklar bilan oʻzim gaplashurmen, «podshoh Gʻaznidagi bandni tiklash uchungina ruxsat berdilar», dermen. Hech kim menga ergashmaydigan qilib ketgaymen, bunga ishoning!

Bobur Hirotga, Tabrizga, Balxga, Andijonu Toshkentga odamlar yuborgan, «kimda-kim bizga xayrixoh boʻlsa Hindistonga kelsin, ulufalar berurmiz, ne istaklari boʻlsa ado eturmiz» degan qadagʻa[46]lar yoʻllagan edi. Kobuldagi dorugʻalar keluvchilarning sarfu xarajatlari uchun maxsus mablagʻlar olgan edilar.
— Boʻlmasa, siz ham... qaerdaki qizilboshlar bilan shayboniyzodalardan bezgan olimu hunarmand, beku navkar koʻrsangiz, bizning nomimizdan ayting, kelsinlar!— dedi u Xoʻja Kalonbekka.
— Jonim bilan ayturmen, toki mendek ketganlarning biri oʻrniga yuzi kelsin!

Xoʻja Kalonbek Boburga bu gaplarni chin dildan aytganday koʻringan edi. Ammo Hindistondan ketishga ijozat olgandan keyin Boburga oʻzini ayanch koʻrsatib yalingani uchun alami keldi. U bek doʻstlari oldida ichgan qasamini qoyillatib bajarganini hammaga namoyish qilgisi, Hindda qolayotganlarni kuydirib ketgisi keldi-yu, Agrada yashagan uyining devoriga bir bayt she’r yozib qoldirdi:

Agar bayxayri salomat guzar zi Sind kunam,

Siyoroʻy shavam, gar havoyi Hind kunam[47].

Xoʻja Kalonbekning uyiga koʻchib oʻtgan Hindubek bir kun kechki payt bu she’rni yozib kelib Boburga koʻrsatdi va baytni oʻqigan odamlar hamma joyda shov-shuv gap qilib yurganini aytdi.

Bobur Xoʻja Kalonning «Hech kim menga ergashmaydigan qilib ketgaymen!» degan soʻzlarini esladi-yu:
— Bu kudurat nechun? — deb hayron boʻldi. — Nahotki, Xoʻja Kalon boshqa beklarning ham Hinddan ketishini istasa?
— Bilmadim, bu yerda qolgan beklarning fidoyiligi Xoʻja Kalonbekning alamini keltirganmi?
— Ha, oʻzi shunday fidoyi boʻlolmaganining alami bu! — dedi Bobur va qarsak chalib munshini chaqirdi.

Munshi kelguncha oʻrnidan turib, xonai xosning u burchagidan-bu burchagiga asabiy bir tarzda borib keldi. Bir koʻngli Xoʻja Kalonning ketidan chopar yuborib, uni Gʻazni hokimligidan bekor qilishga moyil edi. Lekin shuncha yillik qadrdonidan ayrilish, keyin Gʻaznidagi vayron boʻlib yotgan bandni tiklash uchun yana boshqa odam izlash tashvishi uni bu fikrdan qaytardi.

Nima qilish kerak? Xoʻja Kalonning she’ri Hindistondan ketgisi kelib yurgan beku navkarlarni battar qoʻzgʻatib qoʻyishi aniq. Agar bu bayt uchun Xoʻja Kalon jazolansa, she’rning ta’siri yanada oshishi aniq.
— Bu bayt devorga yozilganicha turibdimi? — soʻradi Bobur Hindubekdan.
— Oʻchirtirib tashladim.
— Bekor qilibsiz, bek. Siz oʻchirganingizdan soʻng bu bayt odamlarning xotirasiga yanada mahkamroq oʻrnashur, she’rning ta’sirini faqat she’r bilan kesmoq mumkin.

Qoʻlida qalam-qogʻozi bilan xipcha boʻy, oʻrta yashar munshi ta’zim qilib kirdi.
— Yozing! — buyurdi Bobur unga.

Munshi gilam ustiga choʻkka tushib, juzdonni tizzasiga qoʻydi, qogʻozni kafti bilan tekislab, yozishga tayyorlandi.

Bobur badiha ohangida gapirdi: — Yuz shukr de Boburki, karimu gʻaffor,
Berdi senga Sindu Hindu kishvari bisyor.
«Kishvar» soʻzi vaznga tushmay saktalik berganini sezdi-da, ikkinchi satrni boshqacha qilib takrorladi: Berdi senga Sindu Hindu mulki bisyor.
Issiqligʻiga gar senda yoʻqdur toqat.
Sovuq yuzin koʻray desang Gʻazni bor.
Mushoiraning nozik qoidalariga moslab birpasda yaratilgan bu badiha Hindubekning zavqini keltirdi. U devorga sovuq gap yozib ketgan Xoʻja Kalonbekning basharasi ham Boburga nechogʻliq sovuq koʻringanini oʻzicha tasavvur etib, beixtiyor kulib yubordi. Bobur ot-gan oʻqining nishonga tekkanini shu zavqli kulgidan sezdi-yu, yengil bir soʻlish olib, munshiga buyurdi.
— Badihani uch nusxa koʻchiring. Bir nusxasini Xoʻja Kalonbekning ketidan joʻnatsinlar. Hindubek, bir nusxasini siz olib, Kalonbekning baytini oʻqigan beku navkarlarga bering. Koʻrsinlar-chi, mushoirada kim gʻolib?

Bu badihani oʻqigan koʻpchilik bek va mulozimlar Xoʻja Kalonbekni kulgi qilishib, «Sovuq yuzin koʻray desang Gʻazni bor!» deydigan boʻlishdi. Issiqdan toqatsizlanib noliydiganlarga ham: «Sovuq yuzin koʻray desang Gʻazni bor!» deb istehzo qilish rasm boʻldi.

3

Panipatda ogʻir yarador boʻlgan Tohir uch oygacha oʻrnidan turolmay yotdi. Saroydan yuborilgan tabib uning etidagi yaralarni durust muolaja qildi-yu, lekin qovurgʻa va qoʻl suyaklarining mayda-mayda boʻlib singan joylarini epaqaga keltirolmadi. Singan suyaklarning ogʻrigʻi tunu kun tinchlik bermas edi. Tohir Agrada oʻsha eski qadrdoni Mamat bilan kichik bir hovlichada turar, «endi bu yerdan oʻligim chiqsa kerak», deb oʻylar edi.

Shuning ustiga Kobuldan mavlono Fazliddin Tohirning muhandis oʻgʻli Safarbekni boshlab kelib qoldi. Ular qurilishda birga ishlaydigan hind sangtaroshlaridan soʻrab-surishtirib, agralik bir jarrohni topib keldilar. Jarroh kambagʻalparvar odam ekanini eshitgan mavlono Fazliddin jiyanini unga tanishtirar ekan:
— Sohib Bayju, — dedi. — Tohir ham aslida zahmatkash bir dehqon edi. Men buning navkar boʻlishiga qarshi edim...
— Oʻshda siz haq gapni aytgan ekansiz, mulla togʻa,— dedi Tohir. — Men berahmlar orasida yurib berahm boʻlib ketgan ekanmen... Boʻlmasa, yigirma yillik qadrdonim Mamatga shunchalik shafqatsizlik qilarmidim? Mana, hammasining qasosi qaytdi. Hali ham Mamat odamgarchilik qildi. Boʻlmasa otlarning oyogʻi tagida qolib majaqlanib ketardim!

Mavlono Fazliddin Mamatning bu yaxshiligini kelgan kunlari eshitgan va uni bogʻ qurilishiga ishga olgan edi. Mavlono buni tabibga forscha aralash urducha tilida hikoya qilib berdi-da:
— Jiyanim ham endi bekligu navkarlikni tashlamoqchi, — dedi. — Sizu bizdek tinch mehnat bilan kun koʻrmoqchi. Bunga yordam beraylik!
— Bilaman, siz bizning yurtimizga obodonchilik qilish uchun kelgansiz, sohib, — dedi Bayju, — Siz iltimos qilganingiz uchun jiyaningizga qoʻlimdan kelganicha yordam beraman!

Tabib aytganini qilib Tohirni bir oy astoydil davoladi. Bayjuning sezgir qoʻllari qaysi suyak qayeridan qanday singanini bexato aniqlab, hammasini mohirlik bilan joy-joyiga qoʻyib chiqdi. Bir oy davomida Tohir uning kafti oqish-koʻkimtir, usti qora mayin panjalariga xuddi oʻz qoʻllariga oʻrganganday oʻrganib ketdi. Keyin tuzalib oʻrnidan turgan kuni Bayjuning shu panjalarini qoʻllariga olib, koʻziga surdi:
— Ayting, sohib, men bu yaxshiligingizni qanday qaytaray?
— Jarrohning qoʻlini shunchalik e’zozlab koʻzga surganingiz — yaxshiligimning qaytgani emasmi?
— Yoʻq, men sizdan umrbod qarzdormen!
— Kim bilsin, balki men oʻzim hozir bir qarzimni uzgandirman?

Mavlono Fazliddin ham shu yerda turgan edi. U tabibning allanimani «Aytaymi, aytmaymi?» — deb ikkilanayotganini koʻrdi-yu:
— Sohib Bayju, siz nechun oʻzingizni qarzdor sezdingiz? — dedi.
— Buning tarixi uzoq... Faqat iltimos qilaman, boshqa hech kimga aytmangizlar.
— Iltimosingizni bajonidil qabul qildik!
— Mening bir filbon akam bor. Ibrohim Lodi zamonida akam Agradan ish topolmay Panjobga ketgan edi. Oʻsha yerda qoʻshinlaringiz qancha odamlarimizni qirganini eshitipti. «Bularni vatanimga kirgizmayman», debdi-yu, qoʻshinlaringizni adashtirib, changalzor botqoqlikka boshlabdi.
— E, boʻldi, boʻldi! — dedi Tohir filbon rahnamo La’l Chandni eslab. — Bizning ikkita navkarimizni filiga urdirib, mayib qilib ketgan edi... Ammo men oʻshanda uning dovyurakligiga qoyil boʻlgan edim. Bir oʻzi bir qoʻshindan qoʻrqmay olishgan edi-ya!.. Biz uni changalzor botqoqlikdan chiqolmaydi, deb oʻylagan edik. Chiqibdimi-a? Hozir tirikmi?
— Tirik, lekin endi Agraga kelishdan qoʻrqadi... Akam oʻsha navkarlaringni mayib qilgani... yaxshi boʻlmagan... Ehtimol, men sohib Tohirni davolaganim— Oʻsha gunohimizni yuvib ketgandir?
— Siz akangiz qilgan ishni gunoh deb atamang, sohib Bayju! — e’tiroz qildi mavlono Fazliddin.— Vatanni bunday bahodirona himoya qilish gunoh emas, balki sharafdir!
— Yaxshi soʻzlaringiz uchun rahmat, sohib! Ammo oʻsha ishi tufayli akam hamon ishsiz. Oʻz vatanida bekinib qochib yuribdi. Bola-chaqasi och-yalangʻoch.
— Akangiz qurilishda ishlaganmi?
— Ha, fil bilan doim qurilishda ishlar edi.
— Boʻlmasa menga uchrasin, ish topib beray. Biz hatto harbiy fillarni mehnatga oʻrgatmoqdamiz-ku!
— Akam buning hammasini eshitgan. Ibrohim Lodi bekitib yotgan oltinlarni sizlar endi qurilishga sarflayotganlaringizdan mamnun. Ammo qoʻlga tushib qolishdan qoʻrqadi.
— Balki akangizning Agraga kelmagani toʻgʻridir. Bu yerda beku mulozimlar koʻp, tanib qolib, bir balo qilishlari mumkin. Akangiz a’yonlar kam boradigan chet joydagi qurilishga kelsin. Men juma kuni Dehalpurga boraman. Istasa, oʻsha joyga borsin.
— Sohib, sizni podsholaringiz hurmat qilar emishlar, eng katta qurilishlarning sarkori ekansiz. Podshohdan akamning gunohini soʻrab, shafoat olib berolmaysizmi?— Oʻshanda biz bexavotir yurar edik.

Mavlono Fazliddin oʻylanib turdi-yu:
— Sizni bunga ishontirolmayman Bayju, — dedi.— Chunki podshohning joniga qasd qilgan odamlarni ayovsiz jazolash haqida farmon chiqarilgan. Bobur mirzo shu farmonga imzo chekkanlar. Oʻzlari sohibdil shoir, ma’rifatlik inson boʻlsalar ham podshohlik bilan fotihlik u kishini murakkab ziddiyatlarga duchor qilgan. Oʻshanda La’l Chand uni askarlari bilan adashtirib, yoʻq qilib yubormoqchi boʻlgani esiga tushsa, qahr ustida qatl ettirib yuborishi mumkin.

4

Agrada sershamol yomgʻir fasli boshlangan saraton kunlarining birida Tohir saroyga — Boburning huzuriga keldi.

Devoni xosning marmar ayvonida oʻtirgan Bobur uni zoʻrgʻa tanidi — Tohirning soch-soqoli oqarib ketgan. Yuzidagi chandiqdan tashqari, engagi aralash boʻyniga goʻyo katta bir yamoq tushgan.
— Xayriyat, tuzalib ketibsiz, — deb Bobur uning koʻnglini koʻtaradigan gap izladi.
— Ha, mulla togʻam jonimga ora kirdilar...
— Endi qalay, avvalgi xizmatga qaytmoqchimisiz?

Tohirning oʻng qoʻli zaif, boʻyni ham durust qayrilmaydigan boʻlib qolgan, yon-veriga qaramoqchi boʻlsa, butun gavdasini burib qarar edi.
— Men endi qoʻrchilikka yaramasmen.
— Boʻlmasa ichki beklar qatorida yuravering.
— Lekin men beklikni eplolmadim... Panipatda oʻzimdan oʻtdi.
— Nechun?

Tohir jang boʻladigan kuni azonda qanday sabuhiy qilganini, otdan qanday yiqilganini va qadrdon navkarini qanday shafqatsizlarcha urganini bir-bir aytib ber-di.
— Bek boʻldim, deb magʻrurlanib zolim boʻlib ketgan ekanmen. Oʻlim toʻshagida yotib oʻzimni tanidim. Menga beklik... toʻgʻri kelmas ekan, hazratim. Oʻzim ham endi mayib odammen. Ijozat bering, mulla togʻam tarhini chizgan bogʻda suvchimi, gulchimi boʻlib qolay... Bir vaqtlar Quvada kichkina bogʻchamizdagi dov-daraxtlarni sugʻorishni yaxshi koʻrar edim...

Bobur ayvonning jimjimalik marmar ustunlari ortidan suzib oʻtayotgan yomgʻir bulutlariga tikilib ogʻir xoʻrsindi. U Tohirga yaxshilik qilmoqchi boʻlib beklik unvonini bergani oxir-oqibatda yomonlik boʻlib chiqqan edi.
— Siz-ku, beklarning kasofat muhitidan suvchi boʻlib qutulmoqchisiz. Lekin men qandoq qutulgaymen?

Bu savol Tohirni shoshirib qoʻydi.
— Siz... podshohsiz, hazratim. Beklar sizning itoa-tingizdalar.
— Itoatimda boʻlib itoat etdirurlar... Bularning shunday girdoblari borki, sal bexabar qolsangiz gʻarq qilib yuborurlar... Men Soʻxda sizga aytgan gaplarim esingizdami?
— Men u soʻzlaringizni hech vaqt unutmasam kerak...
— Oʻshanda, siz, umrbod huzuringizdan ketmasmen, degan edingiz-ku!
— Hazratim, men u vaqtda sogʻlom yigit edim... Hozir ahvolim bu...
— Saroyda mening xilvatxonamga qaraydigan durust odam yoʻq. Shu ishni siz olsangiz.

Xilvatxona — Boburning yolgʻiz oʻtirib ijod qiladigan joyi ekanini Tohir bilar, Bobur hayotining eng dilkash tomoni uning ijodida ekanini sezardi. Lekin saroyning murakkab, boʻgʻiq muhitidan koʻngli qolgan Tohir bogʻda, togʻasining yonida ishlashni istardi.
— Hazratim, qulingizni ma’zur tuting. Men bogʻda ishlaymen, deb ahd qilgan edim...
— Bogʻda ham xilvatxona boʻlur, — dedi Bobur. — Qurib bitirilsa unga ham siz qaragaysiz. Ma’qulmi?

Endi «yoʻq» deyishning iloji qolmadi. Boburning soʻzini ikki qilib oʻrganmagan Tohir qoʻlini koʻksiga qoʻydi-yu, rozilik berdi.

* * *

Agra qal’asidagi xilvatxona devoni xos bilan podshoh oshxonasining oraligʻida edi. Bir oydan beri davom etayotgan yomgʻir fasli hali-beri tugaydiganga oʻxshamas, ba’zi kunlari besh-oʻn martadan jala quyib oʻtardi. Yogʻin-sochinli kunlarda Bobur koʻproq Agrada ishlaydi. Xilvatxona — ichma-ich qurilgan uch xonadan iborat. Bu xonalarning mayda-chuyda ishlarini toʻrtta savdar qiladi, lavozimi «oftobachi» deb ataladigan Tohir ularga boshliq. Eng ichki xonada qogʻoz, qalam va Bobur tayinlagan kitoblar turadi. Berigi xonaga dasturxon solinib, Bobur xush koʻradigan gulob, norinj sharbati, anba mevasi[48] qayla[49], tanbul bargi[50] va magʻzi qizil fufal yongʻogʻi qoʻyilgan.

Bir kuni Tohir dasturxonga eng toza Gʻazni chogʻiridan ham bir koʻzacha qoʻydirgan edi, Bobur:
— Chogʻir majlisi xirgohda boʻldi, bas, — dedi.

Shundan keyin Tohir xilvatxonaga ichkilikni yoʻlatmaydigan boʻldi.

Bobur ichki uyda tuni bilan ishlasa Tohir ham tong otguncha uxlamay, uning tinchini qoʻriqlab chiqar edi. Uning tashqi xonada uygʻoq oʻtirishini biladigan Bobur goho ichkaridan chiqib kelib, gʻalati savollar berardi:
— Badaxshonda archazorlarda nafis bir oʻt boʻlur edi, esingizdami? Dahkat atrofida, Osmon Yaylovda ham moʻl edi. Rangi havorang. Men bir daftarga yozib qoʻygan edim... Kobulda qolganmi? Yoʻq.
— Ot yeydimi?
— Ha, yaxshi yeydi. Boʻyi past-past, yerdan toʻp-toʻp boʻlib chiqur.
— Betakamikin?
— Ha, ha, betaka ham derlar, lekin asli butaka! Buttalab oʻsgani uchun butaka der ekanlar. Men buning vajhi tasmiyasini[51] Badaxshonda eshitgan edim.

Bobur qidirgan soʻzini topganidan mamnun boʻlib ichkariga kirib ketdi. U Tohir bilan birga koʻrgan joylari, birga boshdan kechirgan voqealarining mana shunaqa tafsilotlarini soʻrab, aniqlab olgan kunlari Tohirning ham koʻngli koʻtarilib yurardi. U Boburning oʻz koʻrgan kechirganlari haqida katta kitob yozayotganini eshitgan edi. Endi Tohir ham shu kitobning yozilishiga bir qadar ishtirok etayotgani uchun «har qalay, bu yerda oʻtgan kunlarim zoe ketmaydiganga oʻxshaydi», deb qoʻyardi. Bir kun tun yarimlaganda Bobur xilvatxonadan xomush boʻlib chiqdi-yu, hazin tovush bilan bir toʻrtlik oʻqib berdi:

Koʻpdan berikim yoru diyorim yoʻqdir,
Bir lahzau bir nafas qarorim yoʻqdir,
Keldim bul sori oʻz ixtiyorim birla,
Lekin borurimda ixtiyorim yoʻqdir.
Bu satrlar Tohirning sogʻinch tuygʻularini shunday qoʻzgʻatdiki, koʻpdan beri koʻrmagan Robiyasini qoʻmsab, oʻpkasi toʻldi.
— Bolalar bilan qachon diydor koʻrisharkinmiz-a, hazratim?
— Yoʻllar hali notinch. Haram uchun xatar koʻp. Bu yoqda Rano Sango bizdan norizolarni atrofiga toʻplab, kuch yigʻmoqda emish...

«Bizdan norizolar» degan soʻzlar Tohirga mana shu qal’a hovlisida oʻtgan kuni yuz bergan bir fojiani eslatdi.

Hind ustalari, pashkol paytida yer qazib boʻlmaydi, ishni toʻxtaylik, deyishdi. Lekin sarkor bunga koʻnmadi: «Biz voyinni olti oyda qurib bitirishga soʻz berganmiz, yomgʻir fasli ikki oy davom etsa, keyin qachon ulgurgaymiz? Podsho hazratlari bizni yolgʻonchi demaslarmi? Yomgʻir pisandmas! Qaytaga salqin boʻldi! Ishlayveringlar!» Xullas, sarkor yer qazuvchilarni majbur qilib ishlata boshladi.

Muttasil yogʻib turgan yomgʻirlar yerni ivitib, hilvirlatib qoʻygan edi. Oʻtgan kuni yer qazuvchilar oʻn quloch chuqurlikdagi chohning tubida ishlayotganlarida jarday chuqur havzaning bir tomoni oʻpirilib tushdi-yu, toʻrt odamni bosib qoldi. Ularni loy aralash tuproq tagidan kavlab olgunlaricha uchtasi allaqachon jon bergan, toʻrtinchisi tirik boʻlsa ham beli sinib, mayib boʻlgan edi.

5

Xilvatxonadan sal narida — saroy oshxonasida ovqat pishirib yurgan Bahlul ismli oʻrta yashar bir oshpaz ham voyinning chohi tagida jon bergan yer qazuvchilarni koʻrgan edi. Bu fojia oshpazga Panipat jangida fotihlarning qilichidan halok boʻlgan yigirma yashar suyukli inisini eslatgan va qalbidagi intiqom tuygʻusini yana junbishga keltirgan edi.

Ahmad choshnagir malika Baydaning kanizlaridan birini oraga qoʻyib, zaharni shu Bahlulga yetkazib bergan edi. Malika Baydaning yana bir kanizi kelib, rejani hozirgi pashkol kunlarda — Bobur biron yoqqa yurishga ketib qolmasidan oldin amalga oshirish kerakligini aytgan edi.

Toʻrt buklangan oq qogʻoz ichida ziravorga oʻxshab turgan zahar ikki misqolgina boʻlsa ham Bahlulga zoʻr bir poʻlat quroldek ogʻir tuyulardi. U jangda vatanini himoya qilib jon bergan inisining oʻchini shu qurol yordamida olishni va fotihlarni bu yerdan tezroq quvishni istar edi. Agar Bobur oʻldirilsa, fotihlar Hindistonda turolmay ketib qolishlariga Ahmad choshnagir Bahlulni ishontirgan edi.

Podshoh oshxonasida har bir taomni tekshirib tatib koʻradigan maxsus bakovullar boʻlar edi. Qattiq yomgʻir yogʻayotgan kuni kechqurun shu bakovullar aroq ichib, mast boʻlib qolishdi.

Qozonda karundi daraxtining nordon mevasidan qoʻshib tayyorlangan mazali qayla pishib turibdi. Bobur bu qaylani yaxshi koʻrishini Bahlul bilar edi. U sekin qoʻyin choʻntagiga qoʻl solib, toʻrt buklogʻliq qogʻozni oldi. Oshxonada hech kim yoʻq. Bakovullar narigi xonada mast boʻlib ashula aytishyapti, shamol aralash yomgʻir yogʻyapti.

Bahlul zaharni qozonga solmadi — bakovullarning aroqqa qaylani gazak qilish odatlari bor, yeb koʻrishsa, zaharlanib, bildirib qoʻyishlari mumkin. Shuning uchun oshpaz zaharni Bobur ovqat yeydigan chinni laganga yupqa lochira non ustiga sepa boshladi. Birdan shamol tashqi eshikni qarsillatib yopti. Bahlulga kimdir kelayotganday tuyuldi-yu, zaharning qolganini qozon tagida yonib turgan olovga otdi. Keyin chinni lagandagi zahar sepilgan lochira ustiga tez-tez qaylani soldi.

Oradan sal vaqt oʻtgach, savdar kirdi, quyon goʻshtidan qilingan qovurdoqni va qayla solingan chinni laganni Bobur ovqat yeb oʻtirgan xoʻrakxonaga olib chiqib ketdi.

Ahmad choshnagir bu zaharni ta’midan bilib boʻlmasligini, uning ta’siri asta-sekin bilinishini aytgan edi. Bahlul sir ochilguncha qoʻrgʻon darvozasidan chiqib ketish umidida edi. Ammo u oshxona eshigidan chiqayotganda shirakayf bakovullardan biriga duch keldi.
— Qani, quyon goʻshtidan bizga ham qoldirdingmi?
— Qayla bor, sohib.
— Yoʻq, quyon qovurdogʻi kerak!
— Qovurdoq oz edi, hammasini hazratga berib yubordim. Qayla yey qoling, gazakka yaxshi.
— Yoʻq! Quyon koʻp edi-ku! Nega bizga qoldirmading?
— Hammasini qovurganim yoʻq edi...
— Boʻlmasa hozir bizga quyon goʻshtidan qovurib ber! Tez!

Bakovulning yoʻgʻon gavdasi eshikni toʻsib turardi.

Oshpaz orqaga qaytdi va sarosima harakatlar bilan yogʻ dogʻlab, quyon goʻshtini qovurishga tayyorlay boshladi.

Yomgʻirli tun saroyni chulgʻab olgan. Shu payt birdan xos navkarlar tabibga yugurib, bakovullar bir-birini chaqirib, oshxonaning ich-tashi toʻpolon boʻlib ketdi. Xilvatgohda oʻtirgan Tohir ham xoʻrakxonaga chopib keldi.

Bobur ustma-ust qayt qilib, yuzi koʻkarib ketgan. U nafasi qaytib, tashqariga intildi, ammo ikki qadam qoʻyguncha boʻlmay gandiraklab yiqila boshladi. Tohir chopib borib, uni qoʻltigʻidan suyab oldi. Tabib Yusufiy Boburning narigi qoʻltigʻiga kirdi. Jonsarak boʻlib qolgan savdarlarga buyurdi.
— Ichkariga joy qiling!
— Ravonga! — dedi Bobur yutoqib.

Uning koʻngli behud, boshi gir-gir aylanar, nuqul havo yetishmayotganday boʻlar edi.

Boburni ravonga suyab chiqarib yotqizdilar. Tabib yurakka quvvat beradigan doridan hidlatdi.
— Sizga ne boʻldi, hazratim? Mayni koʻp ichdingizmi? Yo ma’jun aralashdimi?
— Ovqatda bir sir bor! — dedi Bobur va yana koʻngli aynib, chinni toz ustiga engashdi. — Oshpaz taftish qilinsin!

Shu payt qayladan yegan yana ikki mulozim Boburga oʻxshab qayt qilayotgani ma’lum boʻldi. Bakovullar qayla pishirgan Bahlulni tutib, saroyning eng qattiqqoʻl tergovchisiga topshirdilar. Tergovchi uni turli qiynoqlarga solib soʻroq qilishga kirishdi.

Bobur tuni boʻyi oʻlim bilan olishib chiqdi. Har qayt qilganda yurak-bagʻri uzilib, parchalanib chiqayotganday ogʻrir, goho nafasi ichiga tushib ketar edi. Tabib uning tepasidan ketmay:
— Shifo topasiz, bardam boʻling! — deb tasalli berar edi.

Tohir ham tabibga qarashib, tuni boʻyi mijja qoqmay chiqdi. U Boburning boshini tutar, ter bosgan yuzini, boʻyinlarini yelpir edi. Boburning zahar azobidan toʻlgʻanayotganini koʻrgan sari, oʻzi ham zahar ichganday qiynalar edi. Tong payti Bobur alahsiraganday boʻlib, Humoyun bilan Mohim begimni yoʻqlay boshladi.

Shimoliy chegaralar yana notinch boʻlib qolgani uchun Bobur Humoyunni oʻtgan oyda Badaxshonga qaytarib yuborgan edi. Mohim begim hamon Kobulda edi.
— Humoyun mirzoga chopar yuboraylikmi? — deb soʻradi Tohir.

Bobur koʻzini ochib, xiyol oʻziga kelgandek boʻldi. Chopar Kobul va Badaxshonga yetib borguncha kamida bir oy vaqt oʻtadi. Bu orada biron korihol boʻlsa na Humoyun, na Mohim begim yetib kelolmasliklari aniq. Bobur gʻamgin bosh chayqab:
— Foydasi yoʻq, — dedi.

Uning ahvoli tobora tang boʻlayotganini koʻrgan Tohir:
— Hazratim, bardam boʻling! — deb iltijo qildi.— Biz siz bilan necha oʻlimlardan qolganmiz! Dardga boʻy bermang, yengasiz!
— Lekin... bunday falokat... birinchi uchrashi!..

Bobur behol qoʻzgʻalib yana toz ustiga engashdi, ogʻriq zarbidan koʻzlariga duv-duv yosh keldi. Soʻng boshini yana yostiqqa qoʻyib koʻzini yumib yotganda ravonga tergovchi kirdi.

Yusufiy unga:
— Qisqa soʻzlang, faqat axborot! — deb shipshidi.

Tergovchi Baydani ham soʻroq qilganini, narigi uchoviga shu badbaxt malika bosh boʻlganini, lekin tash-qi dushmanlar bilan, jumladan, Rano Sangram Sinx bilan aloqasi borligini rad etganini, boshqa savollarga javob berishdan bosh tortganini aytib berdi.
— Mal’unlar!.. dedi Bobur yotgan joyida gʻazabdan ovozi qaltirab. — Men ularga shunchalik ishonib... ilkidin taom yesam... izzat-ikrom qilsam!..
— Hazratim, bu iblislarni ming qiynoqqa solib oʻldirmoq kerak!
— Narigi uchovini... qoidaga binoan qatl ettiring! Bayda... keyin!
— Bosh ustiga! — deb tergovchi chiqib ketdi.

Qoidaga binoan, podshohning joniga qasd qilganlar eng ogʻir qiynoqlarga solib oʻldirilardi. Oshpaz Bahlulning terisi tiriklay shilinib olindi. Jallodlar Ahmad choshnagirning avval qoʻl-oyoqlarini kesib, keyin boshini tanasidan uzib, vujudini parcha-parcha qilib tashladilar. Ikki orada vositachi turgan va ustalik bilan saroyga zahar olib kirib, oshpazga bergan kanizak quturgan filning oyogʻi tagiga tashlab oʻldirildi.

Malika Bayda eng qattiq hibsda saqlanar, endi odamlar uning qanday qatl etilishini kutar edi.

Tabib Yusufiy Boburning hayoti uchun ikki kechayu kunduz tinmay kurashdi. Tohir ham ikki kechayu kunduz bemorning yonidan jilmay, xizmatini qildi. Nihoyat, uchinchi kun tabib:
— Xudoga ming qatla shukr, hazratim, bir oʻlimdan qoldingiz! — dedi. — Onadan qayta tugʻilganday boʻldingiz. Endi ozgina qatiq iching. Soʻngra uxlang!

Bobur bir piyola qatiq ichgach, koʻzini yumib, yostiqqa bosh qoʻydi. Lekin boshidan oʻtgan oʻlim dahshati hamon xayolidan nari ketmasdi. Uning joni shuncha vaqt qil uchida osilib turganini oʻylasa, beixtiyor vahmi kelardi. Shu qil uzilsa oʻlim deb ataladigan zulmat qa’riga qulab tushishini ikki kun davomida muttasil his qilish unda yashash istagini kuchaytirib yuborgan edi. Hayotning bir lahzasi, bir uchquni dunyoning barcha boyliklariyu toju taxtlaridan ham aziz ekanligi unga endi astoydil sezildi. Uning azobdan toliqqan vujudi hamon behol boʻlsa ham ruhida nimadir oʻzgargandek va dunyo koʻziga boshqacharoq koʻringandek boʻlardi. Har bir kishining faqat bittagina umri bor ekan va umrning har lahzasi shu qadar shirin ekan, Boburning yoshiga yetmay oʻlib ketganlarga oson tutib boʻladimi? Ibrohim Lodi undan toʻrt yosh kichik edi.

Malika Bayda buni unutishi va Bobur yaxshi muomala qilgani uchungina uni kechirib, farzandi oʻrnida e’zozlashi mumkinmidi? Jangda erishgan gʻalabalari unga eng mushkul ishlarni ham oson koʻrsatib qoʻygani uchun boʻlsa kerakki, Bobur Ibrohim Lodining onasiga shunchalik ishongan va uning amrida boʻlgan oshpazlarni ishga olgan ekan-da! Bu oshpazlar tayyorlagan hindcha taomlarni yeyish bilan el-ulusning koʻnglini olmoqchi boʻlgani ham, uning oʻz kuchiga ortiq darajada ishonganidan kelib chiqmaganmikin? Holbuki, kechagi dushmanlarni bugun darhol doʻstga aylantirish osonmi? Xususan, Baydadek farzand dogʻida kuyib yurganlar yoki oshpaz Bahluldek inisining qasdini olmoqchi boʻlganlar bilan muomalada ehtiyotkorroq boʻlishi kerak emasmidi? Kobulda Mohim begim aytgan iztirobli gaplar yana uning yodiga tushdi. Begona yurtdan borgan fotihni osonlikcha kechirmasliklari, uning qilichidan paydo boʻlgan yaralar asrlar davomida bitmasligi rost boʻlsa... Bobur bu mamlakat xalqining koʻnglini olishi uchun qancha koʻp yillar kerak boʻladi? Bunga uning umri yetarmikin? Umuman, bu oʻzi erishish mumkin boʻlgan maqsadmi yoki sarob?..

Bu oʻylardan Bobur yana boshi berk koʻchaga kirib qolganday boʻldi, kelajak koʻziga qorongʻi koʻrinib ketdi.

Faqat tanasiga asta-sekin qaytib kelayotgan hayotiy kuchlar shu zulmatni yorib oʻtib kelayotgan yogʻdularday iliq tuyulardi. Oʻsha kecha Bobur yaxshi uxladi. Ertasi kuni tabib uning tomiridan koʻproq qon olmoqchi boʻldi.
— Zaharlangan harom qonni chiqarib yuborgaymiz, hazratim. Yana biror hafta qimirlamay yotmogʻingiz kerak.

Bobur bunga e’tiroz qildi. Busiz ham uning darmoni ketib qolgan edi. Agar tabib koʻp qon olsa uzoq yotishi aniq. Holbuki, «Podshoh oʻlim toʻshagida yotgan emish!», «Umid yoʻq emish!» degan ovozalar tarqalgan, qulay fursat kutayotgan gʻanimlar jonlanib qolgan edi. Beklar ham Boburning tezroq koʻpchilikka koʻrinishini istar edilar.

Oradan yana ikki kun oʻtgach, Bobur tantanali marosimlarda kiyadigan kiyimlarda devoniomga chiqdi. Baland taxtning ikki tomonida tizilib turgan yuzdan ortiq amirlar, sarkardalar, viloyat hokimlari ta’zim bajo keltirib boʻy egdilar. Bobur taxtga shoshilmay chiqib oʻtirgach, ikkita navkar malika Baydani poygahdagi eshikdan olib kirdi.

Kampir hali ham boshdan-oyoq oq kiyib, oʻgʻli Ibrohimga aza tutib yurar edi. Faqat qaddi avvalgidan bir oz bukchayganroq. Lekin koʻzlari Boburning yuziga tushganda uning ogʻir kasalga oʻxshab sargʻayib qolganidan qanoat hosil qilganday mamnun yiltiradi.

Eshik ogʻa Muhammad Doʻlday malikani soʻroqqa tutib, suiqasdga yana kimlar ishtirok etganini surishtira boshladi.
— Suiqasd emas, bu intiqom! — dedi malika. — Podshoingiz toʻkkan qonlarning qasosi bu! Menga yordam bergan oshpaz ham, Ahmad Choshnagir ham, kaniz ham botir qasoskorlar edi. Hammasi mardlarcha jon berdi. Endi navbat meniki. Men oʻgʻlimning dogʻida kuyib kul boʻlganman. Endi qoʻllaringdan kelsa kulimni koʻkka sovuringlar!

Malika saroyda hamma tushunadigan forsiy tilda gapirmoqda edi.

A’yonlar nafaslarini ichlariga olib, yerga qarashdi. Malika bir oʻlimni boʻyniga olib kelgan endi har bir soʻzni oʻqqa aylantirib yoviga dadil otar, Boburning gʻazabga toʻlib, jallod chaqirishini, qurolsiz onaga qarshi barcha qurollarini ishga solishini istardi. Oʻshanda ma’naviy gʻalaba malika tomonida boʻlar, uning dovyurakligi ogʻizdan-ogʻizga oʻtib, odamlarning ehtiromini qozonar edi. Buni Bobur ham sezdi-yu, oʻzini bosib, Malikdod Koroniyga qaradi.
— Bu qanday yosumanlik! — dedi Malikdod Koroniy Baydaga. — Shunchalik oʻch olish niyatingiz bor ekan, a’lohazratning inoyatlarini nega qabul qildingiz?
— Niyatimga yetishim uchun shunday qilishim kerak edi!
— A’lohazrat sizni «Moʻ’tabar onamizdek e’zozlang!» deganlarida yigʻlab minnatdorchilik bildirganingiz bizning yodimizdan chiqqan emas!
— Men u paytda nafratim zoʻridan yigʻlagan edim! Oʻgʻlimning kushandasiga ona boʻlishdan qiynalib koʻzim yoshlangan edi!
— Yo alhazar! Axir siz ham Muhammad ummatisiz, muslimasiz-ku! Oʻgʻlingiz bularga qarshi necha barobar katta kuch bilan chiqqanini bilmasmisiz? Bular magʻlub boʻlsa oʻgʻlingiz yovlarining ming jonlaridan birini ham tirik qoʻymas edi. Siz sulton Ibrohimning qanchalik shafqatsiz boʻlganini bilar edingiz. Agar sizda insofu imon boʻlsa, qoʻlida qilichi bilan ochiqchasiga jang qilgan sarkardaga yashiriqcha zahar bermas edingiz!
— Men ayol kishiman, qilich koʻtarib jang qilolmayman! Ana oʻsha zahar — mening qilichim edi. Fotihlar Panipatda ming-ming odamlarning oʻlimiga sabab boʻldi! Bu mamlakatning yana koʻp joylariga ajal urugʻini ekdi! Men kabi minglab onalar hozir motam tutib, koʻz yoshi toʻkib yuribdi. Qancha-qancha kelinchaklar beva qolib, oʻzlarini erlarining jasadlari bilan birga olovda yondiryapti! Men bergan zahar ana oʻsha ajalning urugʻidan tayyorlangan edi! Unga beva-bechoralarning achchiq koʻz yoshlari ham qoʻshilgan edi!

Malikaning soʻnggi soʻzlari fotih beklarga ham tegib ketdi. Sersoqol bir bek oʻrnidan sakrab turib, Boburga ta’zim bilan murojaat qildi:
— Hazratim, bu yalmogʻizning tilini ogʻzidan sugʻurib olmoq kerak! Shunday mal’unligi ustiga yana buncha gap!
— Mayli, meni qiymalab tashlasinlar! — deb qichqirdi Bayda. — Men qoʻrqmayman!

Bobur Baydani beklar istagandek qiynoqlarga solib oʻldirtirsa el-ulus nima deyishini oʻylar ekan, «lop» etib Hirotdagi Xadicha begim esiga tushdi. Makkorlikda u ham Baydadan qolishmas edi, nevarasi Moʻmin mirzoning oʻlimiga sabab boʻlgani koʻpchilikka ma’lum edi. Shunga qaramay, Shayboniyxon uni Mansur baxshining ixtiyoriga topshirib, dahshatli qiynoqlarga solgani juda koʻp odamlarning nafratini keltirgan edi. Boburning oʻzi bundan bir haftagina oldin xilvatxonada xotira yozib oʻtirganda Shayboniyxonning bu ishini jirkanib qalamga olgan edi. «...Besh kunlik oʻtar dunyoda Shayboniyxon mundoq ablahono ishlari bilan yomon ot qozondi» — degan satrlarni oʻz umr kitobiga bitgan Bobur endi mana bu qurolsiz onaga qanday chora koʻrishi kerak? Qanday qilsa odamlarning nafratiga emas, hurmatiga sazovor boʻladi?

Beklar hamon Baydaning oʻldirilishini talab qilmoqda edilar:
— Bu yalmogʻizni quturgan filning oyogʻi tagiga tashlab qatl ettirmoq kerak!
— Yoki oyoq-qoʻlini chirmab bogʻlab, baland minora ustiga yotqizib qoʻymoq darkor — goʻshtini quzgʻunlar yeb, koʻzlarini choʻqib ketsin!

Malikaga zimdan tikilib turgan Bobur soʻnggi takliflardan Baydaning rangi oʻchib, yuzi koʻkimtir tusga kirganini koʻrdi. Shunda Muhammad Doʻldayning ishorasi bilan beklar jim boʻldilar. Bobur malika tushunadigan forsiy tilda:
— Janob beklar taklif qilgan jazolar barchasi asosli,— dedi. — Biroq xiyonatchi malikaga bularning hammasidan ham ogʻirroq bir jazo bor. Bu xonimning gapiga qaraganda, hamma yetimu yesirlar uchun joni achir emish, zaharni oʻshalarning koʻz yoshlaridan tayyorlagan emish! Biroq buning oʻgʻli Ibrohim Lodi el-ulusga ozmuncha zulm oʻtkazganmi? Ozmuncha odamni yetimu yesir qilganmi? Ibrohim sababchi boʻlgan ichki urushlarda har yili qancha odam halok boʻlgan edi, janob Koroniy? Siz bilsangiz kerak?
— Hazratim, menda hisoboti bor: soʻnggi uch yil davomida sulton Ibrohim boshlagan ichki urushlarda bizdan yuz yigirma ming odam halok boʻlmishdir.
— Uch yilda bir yuzu yigirma ming! — xitob qildi Bobur. — Ibrohim Lodi esa oʻn yildan ortiq taxtda oʻltirgan! Hindistonda odam koʻp. Yuz mingi ichki urushda halok boʻlsa, Ibrohim yana yuz mingini pulga yollagan. Agar Ibrohimning onasi boʻlmish bu xonim oʻlgan navkarlargayu ularning yetim-esirlariga astoydil jon kuydirsa, nechun yuz minglab odamlarning behuda oʻlib ketishlariga yoʻl qoʻygan? Nechun oʻgʻlini bunday nojoʻya qirgʻinlardan qaytarmagan?!
— Men faqat ona edim, podshoh oʻgʻlimga amr-farmon berolmas edim! — deb malika Bayda endi oʻzini himoya qila boshladi.
— Nojoʻya ichki qirgʻinlarni toʻxtatishga amr-farmon bermoq uchun mana biz bel bogʻladik! — dedi Bobur. — Tangridan umidimiz borki, bu ulugʻ mamlakat endi yagona markaziy davlat atrofiga jipslashgusidir. Biz Hindni obodu qudratli qilmoq orzusidamiz. Bizga hamkoru hamnafas hind beklari, fuzalolari, hunarpeshalari koʻp. Bizni zaharlab oʻldirmoqchi boʻlgan bu makkor xonim uchun eng ogʻir jazo shuki, biz mana, tirikmiz! Bu xonimning oʻziyu oʻgʻli qilolmagan ulkan ishlarni biz qilmoqdamiz!

Malikdod Koroniy birdan yengil tortib:
— Hazratim lutf qildilar! — dedi.
— Bu malika, — deb davom etdi Bobur, — shu daraja beva-bechoraga jonkuyar boʻlsa.. Abdukarimbek!

Baydaga yaqin bir joyda oʻtirgan shigʻovul sakrab oʻrnidan turdi. Bobur unga buyurdi:
— Bu malikaning barcha molu dunyosini musodara qilib, Jamna boʻyida bir buq’ai xayr[52] qurdiring. Barcha xizmatkorlari oʻsha buq’ada xizmat qilsin, malikaning butun boyligi, molu dunyosini yetim-esirga xayr-ehson qilib ulashsinlar.
— Bosh ustiga! — deb Abdukarim bu farmonni ta’zim bilan qabul qildi.
— Malikani to umri yetgunicha tirik saqlash ham sizga topshirilur, janob Abdukarimbek!
— Tirik?! — hayron boʻlib soʻradi shigʻovul.

Boshqa a’yonlar ham taajjublanayotganini koʻrgan Bobur ovozini koʻtaribroq gapirdi:
— Malika bizning bundan keyingi zafarlarimizni ham koʻrsin. Yomonlikka yaxshilik qilish mard kishining qoʻlidan kelishiga amin boʻlsin. Agar malikada vijdon boʻlsa, oʻgʻli qilmay ketgan ishlarni biz qilganimizni koʻrib vijdoni azoblansin. Agar vijdoni boʻlmasa, ichida faqat baxillik chayonlari boʻlsa, bu chayonlar oʻzini chaqib yotaversin. Malikaga bundan oʻzga jazo munosib emasdir!

Bek va a’yonlarnnig pichir-pichirlari orasidan allakimning:
— Hazratim tantilik qildilar! — degan quvonchli xitobi eshitildi.

Oʻz oʻlimini ham oʻtkir bir qurolga aylantirmoqchi boʻlib kelgan malika Bayda endi bu qurolidan ayrilganini sezdi. Shu paytgacha u ajali yetganiga shubha qilmas edi. Endi birdan yana yashash umidi paydo boʻldi. Malikaning oʻlim sovugʻidan muzlagan qalbiga hayotning iliq nafasi tegdi-yu, koʻnglini boʻshashtirib yubordi.

Malika yuzini qoʻllari bilan toʻsib, yelkalari silkina-silkina yigʻlay boshladi.

Sekri - Qayta Koʻz Ochgan Buloq

1

Boburning maxsus taklifi bilan Hirotdan Agraga kelayotgan mavlono Xondamir, shoir Shihob Muammiy va mudarris Ibrohim Qonuniy uch oyga yaqin yoʻl yurdilar.

Badvahima Xaybar dovonidan oʻtib, sersuv Sind daryosidan kechib, changalzor oʻrmonlarni oralab borar ekanlar, mavlono Xondamir olamning naqadar ulkanligini endi birinchi marta astoydil his qildi. Haftalar, oylar davomida otliq safar qilib oxiriga yetib boʻlmaydigan bagʻri keng oʻlkalar hammasi endi yaxlit bir davlat boʻlib birlashganligi, Balxdan Kobulgacha, undan Laxoʻr va Dehligacha hamma joyda Boburning muhri bosilgan farmonini betoʻxtov ado etishlaridan sezilar edi. Bu farmonga muvofiq Xuroson va Movarounnahrdan Boburning taklifi bilan kelayotgan ilmu san’at ahlini, hunarpeshalarni barcha viloyat hokimlari, barcha qoʻriqchi askarlar va bekat nazoratchilari qoʻshni davlat elchilariga koʻrsatiladigan izzat-ikrom bilan kutib olib, kuzatib qoʻyishlari kerak edi. Yoʻllarda hali qaroqchilar tugatilmagan, tartib oʻrnatilmagan notinch shahar va qishloqlar bor edi. Xondamir va uning hamrohlarini bunday joylardan «badraqa» deb ataladigan ikki yuz-uch yuz kishilik qoʻriqchi askarlar oʻtkazib qoʻyishardi.

Karvonsaroylarda ham ularni «podshohning xos mehmonlari» deyishib, eng yaxshi xonalarga joylashtirishar, qoʻllaridagi qogʻozlariga binoan kundalik taomlari uchun bepul guruch, goʻsht, yogʻ berishar, tagʻin mayda xarajatlari uchun maxsus ulufa ham toʻlashardi. Charchagan ot-ulovlarini almashtirishlari kerak boʻlib qolsa, yomchilar boquvdagi ot-ulovlaridan ularga birinchi navbatda berishar edi. Kobuldan Dehligacha boʻlgan minglab chaqirim yoʻl boʻyidagi karvonsaroylar va yomlar Boburning harakatlari bilan shunchalik obod va shunchalik yaxshi ishlab turar edi.

Xondamir yoʻllarda, bekatlarda Hindistonga borib kelayotgan elchilar, sayyohlar va savdogarlarni koʻp uchratardi. Bultur Agradan ellik chaqirimcha gʻarbdagi Sekri degan joyda Bobur Rano Sango bilan urushib, Panipatdagidan ham ulkanroq gʻalabaga erishgandan keyin uni astoydil tan olib, elchi yubora boshlagan podshohlar koʻpayib qolgan edi. Xondamir Laxoʻrda uchratgan qizilboshlarning elchisi Shoh TaxmasiI[53] nomidan gʻalati sovgʻalar olib bormoqda edilar. Bu sovgʻalar orasida oq tuyaning zar uqali kajavasida parvarishlab olib ketilayotgan ikkita goʻzal cherkas qizi ham bor edi. Shoh Taxmasi bu qizlarni Boburning haramiga atab yuborgan edi.

Xondamir Dehlidan shimolroqdagi bir bekatda samarqandlik va toshkentlik elchilarni ham uchratdi. Sekridagi gʻalabaning shuhrati atrof mamlakatlarga yoyilganidan keyin Bobur Hindistonda tuzgan yangi davlatni uning ashaddiy dushmanlari boʻlgan shayboniyzo-dalar ham tan olgan edilar. Hozir Samarqand taxtida oʻltirgan Koʻchkinchixonning elchisi Boburga Samarqandning soyaki mayizlaridan, Konibodomning subhoni oʻriklaridan, Buxoroning oʻtkir maylaridan, Movarounnahrning boshqa noyob ne’matlaridan yetti tuyaga sovgʻa-salom yuklab, yoniga ikki yuzta yaxshi otni ham tortiq qilib qoʻshib keltirgan edi. Bobur bu elchini oʻzining Jamna boʻyida qurdirgan yangi Hasht Bihisht bogʻida xonlar oʻtiradigan oq kigiz ustiga oʻtqazib, kamoli ehtirom bilan qabul qilgan edi. Boburning qabulidan va sovgʻa-salomlaridan mamnun boʻlib qaytayotgan xon elchisi Xondamirga maqtandi:
— E, mavlono, biz Hindistonda koʻrgan xirmon-xirmon oltinlarni hali hech kim koʻrmagandir. Bobur mirzo quyma oltindan qilingan taxtda oʻltiribdir. Taxtning pastiga katta gilam toʻshalgan ekan. Viloyat hokimlari har yili beradigan oltinlarini shu gilamning ustiga keltirib toʻkdilar. Birpasda oltindan katta xirmon koʻtarildi.

Bobur shayboniyzodalarning oltinga suq odamlar ekanini bilgani uchun elchining koʻzi oldida ataylab shunday xirmon koʻtarganini Xondamir ich-ichidan sezib kuldi:
— Janob elchi bu xirmondan kapsan olmadilarmi?
— Podshoh bizga qimmatbaho sarupolar kiydirdi. Gilam ustidagi oltindan hazrat Koʻchkinchixonga atab sovgʻa berildi. Oltin tangalarni sanab ham oʻltirmadilar. Ikki yuz ellik misqolni bir kumush tosh bilan tortib berdilar — qoʻydilar.
— Ikki orada biron shartnoma tuzildimi?
— Ha, bemalol bordi-keldi qiladigan boʻldik. Savdo-sotiq tiklandi. Aloqalar ilgarigidan yaxshiroq ravnaq topgʻusidir. Biz bulardan ipak, ziravor olurmiz. Bularga hoʻlu quruq mevalar, ot-ulovlar soturmiz... Yoʻli uzoq boʻlsa ham korvonlarimiz ishtiyoq bilan kelib ketadi. Chunki Bobur mirzo butun qalamravida tamgʻa[54] soligʻini bekor qilmishlar. Oʻzbek, turkman, tojik, hind, arab, ajam, fors — qoʻyingki, hamma bani bashar[55] bu ogʻir soliqdan xalos boʻlib, daromadlari oshibdi. Hunarmandu savdogarlar ham shunisidan juda mamnun. Faqat Bobur podshoning bir amri bizga ma’qul kelmadi.
— Qaysi amri? — qiziqib soʻradi Xondamir.
— Butun mamlakatida may ichish man etilmishdir. Bobur mirzoning oʻzi ham «minba’d ichmaymen», deb butun el oldida tavba qilibdirlar. Bazmlari ichkiliksiz... muzdakkina!

Koʻchkinchixonning elchisini koʻngilsizlantirgan bu yangilik Xondamirning ruhini koʻtardi. Husayn Boyqaroni va uning oʻgʻillarini ichkilik balosi qay darajada xarob qilgani hali mavlononing esidan chiqqan emas edi. Bundan toʻqqiz yilcha burun Bobur Hirotga ikkinchi marta borganda Xondamir uning ham mayxoʻrlikka ruju qila boshlaganini koʻrgan, «Nahotki, bu nodir siymo ham boshqa koʻp temuriylar singari iste’dodini ichkilikka boy bersa!» deb tashvishlangan edi. Elchining hikoyasi uning mana shu tashvishini tarqatib yubordi.

Xondamir bu uzoq va mashaqqatli safarga Boburni orqa qilib chiqqan edi. Yoshi ellikdan oshayotgan olim bu uzoq yurtlardan Hirotga sogʻ-salomat qayta oladimi, yoʻqmi, hali oʻzi uchun qorongʻi edi. U Bobur tufayli mana shu qorongʻilikni boʻyniga olib kelmoqda edi. Endi yoʻllarda Boburning irodasi va aql-zakovatidan dalolat beradigan nimaiki uchra-sa, hammasi mavlononing qalbidagi mash’um qorongʻilikni quvayotganday boʻlar va yorugʻ bir istiqbolga ishonch uygʻotar edi.

Xondamir Agraga kelib kirganda daryo boʻyiga qurilgan Hasht Bihisht va Zarafshon bogʻlarini, marmarlariga chiroyli gullar solib ishlangan tosh imoratlarni, tomlari maysalar bilan bezangan tillakori tolorlarni[56], chaman-chaman gullari koʻzni qamashtiradigan gulzorlarni koʻrdi. Bu ulugʻvor goʻzalliklar mavlononing kela-kelguncha koʻrgan va eshitganlariga qoʻshildi-yu, u Boburni avvalgidan boshqacha favqulodda qudratli bir qiyofaga kiritib tasavvur eta boshladi...

* * *

Lekin Bobur soʻnggi yillarda koʻp kasal boʻlib, juda ozib ketgan, jussasi xiyla kichrayib qolgan edi. Xondamir uning oʻzini qanchalik oldirib qoʻyganini Sekri togʻiga sayrga chiqqanlarida oftob yorugʻida juda aniq koʻrdi. Bobur Sekri togʻining moʻ’jazligi va tekis joyga tushganligi Oʻshdagi Buratogʻni eslatishi haqida gapirar, togʻ etagidagi koʻl ichiga qurilayotgan toshsupani qoʻli bilan koʻrsatar, pastda qulf urib oʻsgan yam-yashil bogʻ va daraxtlar orasidan koʻrinib turgan yangi imoratlar qanday barpo boʻlganini hikoya qilardi.

Xondamir esa uning suyagi boʻrtib qolgan ozgʻin yuziga, koʻz atroflari va peshonasidagi qavat-qavat ajinlariga, uyqusizlikdan ichiga botib ketgan qovoqlariga qarab, ich-ichidan unga kuyunar edi.

Togʻdan koʻl tomonga tushib borayotganlarida Bobur Xondamirning bu kuyunishini sezganday boʻlib:
— Mening taqdirim gʻalati, mavlono, — dedi. — Atrofimni obod qilganim sari oʻzim soʻlib bormoqdaman.
— Unchalik emasu... har qalay, oʻzingizga ham koʻproq gʻamxoʻrlik qilishingiz zarurmikin?
— Zarurlikka zarur. Lekin mamlakat qanchalik ulkan boʻlsa, uni idora etish shunchalik qiyinlashar ekan. Men zoʻr bir davlat tuzish maqsadini zimmamga olganimda buning qanchalik mushkul ekanini tasavvur qilmagan ekanmen. Tunu kun mehnat, tashvish, oʻt, olov... Xuddi harakatdagi vulqonlar orasiga tushib qolgandekmen. Koʻzlagan maqsadim amalga oshguncha umrim yetgaymi, yoʻqmi, bilmaymen.
— Niyatni butun qilmoq kerak, hazratim. Siz hali yigit yoshidasiz, alhol qirq olti yoshdasiz.
— Ammo Hindga kelganimdan beri har yili besh-oʻn yillik umrim sarf boʻlgandek tuyulur. Isitma, uyqusizlik...

Xondamir Boburning Hindistonga kelib tuzgan yangi devonini bugun ertalab oʻqigan edi. Shu devondagi bir ruboiy hozir uning esiga tushdi:

Jismimda isitma kunda mahkam boʻladur,

Koʻzdin uchadur uyqu chu oqshom boʻladur.

Har ikkalasi gʻamim bila sabrimdek,

Borgʻon sari bu ortadur, ul kam boʻladur.

Boburning uyqusiz tunlardan kirtaygan koʻzlari sal shamol tegsa yoshlanadigan boʻlib qolgan edi.
— Tabiblar uyqusizlikning davosini bilar edilar-ku?
— Hirotlik xos tabibimiz Yusufiy muolaja qilib koʻrdi. Boʻlmadi. «Sizga orom kerak» deydir. «Davlat tashvishlarini unuting», deydir. «Kechalari she’r yozmang», deydir. Ammo... davlat tepasida oʻltirib, uning tashvishini qanday unutish mumkin? Faqat she’r yozganda, ijod qilganda bu tashvish xayolimdan koʻtariladir. Lekin Agrada boʻlsam ijodga ham fursat topolmasmen. Kechasi ham, kunduzi ham davlat tashvishi... Bezor boʻlib, mana shu Sekriga chiqib keldim. Ijod uchun bu yer tinchroq... Anchadan beri masnaviy yozmoqdamen. Sanasam, bir kecha-kunduzda ellik bayt masnaviy bitibmen.

Bobur xastaligi ustiga koʻp ishlab oʻzini juda toliqtirib qoʻyganini, uyqusizlikning bir sababi shu ekanini, tabib kechalari she’r yozishni man qilishi toʻgʻriligini Xondamir sezib borardi-yu, lekin buni aytishga andisha qilardi. Tabiatan orom nimaligini bilmaydigan Bobur oʻzini ayamay ishlab oʻrganib qolgan edi, u bir kunda shuncha she’r yozganidan mamnun boʻlib yurganda uni bu mamnuniyatdan ham mahrum qiladigan nasihat gap aytish mavlonoga oʻrinsiz tuyuldi.
— Ishqilib, xudo sizga quvvat bersin, — deb qoʻya qoldi.

Bobur mavzuni yangilagisi kelib:
— Mavlono, «Habib us-siyar[57]»ni necha yil yozgansiz?— dedi.
— Oʻn bir yil. Lekin hali xatm qilgan emasmen. Xotirjamlik boʻlganda Hirotda xatm qilmoqchi edim. Lekin yigirma yildan beri sunniyparastlar bilan shiaparastlar Hirotni bir-birlaridan tortib olib, goh oʻtga urdilar, goh suvga...
— Hoʻ oʻshanda... Unsiyaning minorasida turib soʻzlashganimizda «Hirotning tole quyoshi botib ketmasmikin? — deb iztirob chekkan edingiz. Shu iztiroblar bari oʻrinli ekan-da.
— Hirotda tole ketganda Samarqand bizga quchoq ochib tursa ekan! Shia-sunniy adovati Movarounnahr bilan Xurosonu Eronning madaniy aloqalarini uzib tashladi. Bu aloqalardan qancha avlodlar bahra olgan edi, qancha iste’dodlar kamol topgan edi. Johil sultonlar Movarounnahrni biqiq muhitga solib qoʻyib, xurofot bilan bid’atga yem qilmoqdalar. Samarqanddan kelgan bir olim yigʻlaguday boʻlib aytib berdi. Obirahmat boʻyidagi uch oshiyonlik Ulugʻbek rasadxonasi vayron boʻlmishdir. Shahar hokimining parvoyiga kelmas emish. Johillar nurab yotgan rasadxonaning gʻishtlarini olib ketib, oʻz hovlilariga ishlatmoqda emishlar.
— Biz oʻzga yurtga kelib imoratlar qurganda ular oʻz yurtimizdagi obidalarni buzmoqdalar! Charxning bundan achchiq kinoyasi boʻlurmi, mavlono? Shuni oʻylasam, oʻz yerimizni qoʻyib, Hindga koʻngil berganim menga xuddi oqibatsizlikdek koʻrinadir!
— Biroq falakning gardishi shuni taqozo qilsa, odam iloj topolmas ekan-da. Mana, men ham sizdan ibrat olib, Hindga keldim-ku! Muarrix boʻlganligim uchun tarixiy zarurat bizdan zoʻr boʻlishini koʻp sezmishmen.

Bobur Xondamirning soʻnggi gapiga qiziqib, otini uning otiga yaqin yurgiza boshladi.
— Darhaqiqat, tarix alohida shaxslar irodasiga boʻysunmas ekan, — dedi Bobur. — Oyogʻingiz tagidagi togʻ pastga qarab koʻchsa, siz yuksakka qanchalik intilmang, togʻ koʻchkisi bilan birga pastga qulab ketar ekansiz. Endi oʻylab koʻrsam, Movarounnahrdagi koʻchkilar meni xuddi shu koʻyga solgan ekan. Biroq siz qadam qoʻygan togʻ ichdan koʻtarilib oʻsib borsa, koʻzlagan yuksakligingizga qanday koʻtarilganingizni oʻzingiz sezmay qolur ekansiz. Hindiston menga ichdan koʻtarilib oʻsib boruvchi togʻdek tuyuladir, mavlono. Shuning uchun Samarqandu Andijonda qilolmagan ishlarimni bu yerda qilish umididamen!
— Mening nazarimda ham endigi yuksalish asri Hindga koʻchganga oʻxshaydir. Jaholat quvgan juda koʻp ilmu san’at ahli sizdan panoh istab Hindga kelishlari bejiz emasdir. Chunki falakning gardishi oʻzgardi. Axir bir vaqtlar Xurosonu Movarounnahr ham ichdan koʻtarilib oʻsib boruvchi togʻdek yuksalgan emasmidi? Xorazmda — Beruniy, Buxoroda — Ibn Sino, Tusda — Firdavsiy, Bolasugʻunda — Yusuf Xos Hojib— bular hammasi bir-biriga asrdosh. Shuncha zoʻr siymolar chiqqan asr — bizning ulugʻ bir yuksalish asrimiz edi. Chingizxonning koʻchmanchi oʻrdalari bosib keldi-yu, madaniy taraqqiyotimiz iplarini bir necha asrga uzib tashladi. Ulugʻbek davrida Samarqandda, Navoiy davrida Hirotda juda koʻp madaniy daholar yana uygʻondi. Yangi yuksalishlar asri boshlandi. Lekin kajraftor falak buni ham bizga koʻp koʻrdi! Yana chingiziy sultonlar madaniy taraqqiyot iplarini uzib, chalkashtirib yubordilar... Faqir Hirotda topolmay yurgan kalavaning uchini shu yerda topgandek yengil tortmoqdamen. Musofirlik juda ogʻir boʻlsa ham, lekin bashariyat yashab turgan shu keng olamda yangi daholari uygʻongan, ilmu san’atga astoydil yoʻl ochilgan Hindning borligi qalblarga quvvat beradir... Men endi «Habib us-siyar»ning soʻnggi tahririni shu yerda, qanotingiz ostida tugallash umididamen.
— Bajonidil!.. Bizdan neki koʻmak zarur boʻlsa tortinmay ayting.
— Faqir Hazrat Mir Alisherning kutubxonalarida koʻp yil ishladim. Husayn Boyqaro hazratlarining kutubxonalaridagi nodir qoʻlyozmalardan ham koʻp foydalandim... Endi... bu kutubxonalar Hirotda qoldi.

Xondamir Boburning ham ellik kishi ishlaydigan ulkan kutubxonasi borligini bilar, Hirotdan topilmaydigan nodir manbalar bu yerdan topilishi mumkinligiga ishonar edi. Biroq podshohning xos kutubxonasiga ancha-muncha odam yoʻlay olmaydi. Xondamir shuni oʻylab, gapining davomini aytishga iymandi.
— Siz bizni deb shuncha joydan kelibsizu biz kutubxonamizni sizdan ayagaymizmi, mavlono? — dedi Bobur uning iymanish sababini sezib. — Abdulla kitobdorga buyurgaymen, sizga neki asar zarur boʻlsa topib bergay. Kutubxonada hindistoniy kitoblar ham koʻp. Abdulla kitobdorning ixtiyorida sanskritni yaxshi biladigan tarjimon olimlar bor. Shulardan bir-ikkitasini sizning ixtiyoringizga berurmen, neki xizmatingiz boʻlsa ado eturlar.
— Toabad minnatdormen, hazratim! Gustoxlik sanalmasa, yana bir erkaligim bor...
— Marhamat, mavlono.
— Hirotda oʻzingiz yozgan sarguzashtlaringizdan parcha oʻqib bergan edingiz. Meni maftun etgan edi. Agar shu asaringizning tayyor qismlari boʻlsa, men uchun... eng aziz, eng nodir manba boʻlur edi. Chunki siz boshdan kechirib, tadqiq etgan tarixiy voqealarni boshqa hech kim shunday yaxshi tadqiq etgan emas...

Bobur otining chimirilgan quloqlariga tikilib bir oz jim bordi. U ikki yildan beri

«Boburnoma»ni boshidan qaytib koʻchirib, yaxlit bir asar holiga keltirmoqda edi. Bultur yoz issiqlari tugab, yomgʻir fasli boshlanganda juda qattiq shamol koʻtarilgan. Bobur chodirda ishlab oʻltirganda yomgʻir aralash kelgan dovul uning chodirini yiqitib, qoʻlyozmalarning oʻnlab varaqlarini uchirib ketgan edi. Butun-butun boblarni yomgʻir-dovul halok qilgan edi. Ularni tiklash uchun haligacha yaxlit bir vaqt topilmas edi. Qoʻlyozmani shu ahvolda Xondamirga bersa toʻgʻri boʻlarmikin?
— Men oʻylab koʻray, mavlono.

Bu orada ular Sekri togʻining etagidagi buloqqa yaqinlashdilar. Atrofi orasta qilib qoʻyilgan suvi muzday buloq Boburning yaxshi koʻrgan joylaridan biri edi. Shu yerda Xondamir ikkovlari otdan tushdilar.

Tiniq mavjlarga toza qumlar qoʻshilib qaynab chiqayotgan buloq sokin gulzorlarni oralab, shildirab oqmoqda edi.
— Atrof shunday sokin, — dedi Xondamir. — Koʻl boʻyida qurilishlar... Bundan ikki yil burun shu Sekrida Rano Sango bilan dahshatli janglar boʻlganini tasavvur etish mushkul.

Mana shu atroflarda boʻlib oʻtgan qirgʻinning eng tahlikali damlari Boburning tasavvurida qaytadan gavdalandi. Oʻshanda u naq oʻlimni boʻyniga olib qoʻygan edi.

Zahar asorati hali ketmagan. Bobur asta-sekin darmonga kirib, sogʻligʻini tiklayotgan kunlarda navbatdagi hayot-mamot kurashi boshlandi. Bu gal eng jangovar rajput qoʻshinlarining sarkardasi Rano Sangram Sing toʻqson ming qoʻshin toʻplab, Boburga qarshi jangga otlandi.

Holbuki Bobur Kobulda ekanida Rano Sangram bir necha marta elchilar yuborib, uni Hindistonga taklif qilgan va Ibrohim Lodiga qarshi kurashga chorlagan edi. Rano Sangram oʻgʻli Bikramaditni oraga qoʻyib tuzgan shartnomada «agar Bobur hazratlari bizni Ibrohim Lodi zulmidan xalos qilsalar, uni oliy hukmdorimiz deb tan olurmiz» deyilgan joyi ham bor edi.

Ehtimol, u paytda Rano Sangram Boburni «Hindis-ton issiqlariga bardosh berolmas, oladiganini olib qaytib ketsa, mamlakat oʻzimizga qolar», deb oʻylagandir. Ammo Bobur Hindistonda mahkam oʻrnashib, ikki yildan buyon katta qurilishlar qilayotgani va ulkan bogʻlar, toshhovuzlar, qasrlar bunyod etayotgani Rano Sangramning avvalgi umidini puchga chiqardi. Surishtirib qarasa, Boburning qoʻshini hali ham oʻn besh mingdan ortiq emas. Rano Sangram esa barcha rajput roa va ranolari bilan til biriktirib, bundan olti barobar ortiq qoʻshin toʻpladi. Yana Ibrohim Lodining ukasi Mahmud Lodi ham yigirma ming suvoriy bilan unga yordamga keldi. Rano Sangram mingdan ortiq jangovar filni oldinga chiqarib, yoʻlida uchragan toʻsiqlarni parchalab, yanchib, Bobur tomonga bostirib kela boshladi. Ichkarida fitna, xiyonat. Bobur laxoʻrlik Olamxonni ikki ming qoʻshin bilan Gvalior himoyasiga yuborgan edi, u odam yoʻlini bexatar tomonga burib, askari bilan Panjobga qochdi. Hasanxon degan yana bir afgʻon sarkardasi olti yuz navkari bilan Bobur qarorgohidan yashiriqcha chiqib, tunda dushmanga borib qoʻshildi.

Shuning ustiga Muhammad Sharif degan munajjim:

«Mirrix gʻarb tomonidadir, osmondagi yulduzlar bizning magʻlubiyatimizdan darak bermoqda», deb ovoza tarqatdi. Beku navkarlarni vahima bosganini sezgan Bobur Sekri koʻli yaqinidagi qarorgohga besh yuzdan ortiq odamlarini yigʻdi.

Doshqozonlarda palov pishmoqda. Dasturxonlarga noz-ne’matlar, oltin-kumush surohiylar qoʻyilgan. Soqiylar xumlarda kuch yigʻib yotgan maylardan koʻzachalarini toʻldirib olishmoqda. Ulardan biri ikkinchisiga shivirlab deydi:
— Ertaga yana qirgʻin urush boʻlarmish. Shunday paytda ichkulik bazmi koʻngillariga qanday sigʻarkin?

Ikkinchi soqiy e’tiroz qiladi:
— Ichkulik odamni botir qilgay, gʻam-gʻussani unutdirgay! Xumda xosiyat koʻp.

Ba’zi beklar ham: «Jangchilarning kayfiyatini may bilan koʻtarmoq kerak!» deb, bazmning tezroq boshlanishini sabrsizlik bilan kutmoqda edilar. Hatto shahzodalardan Humoyun bilan Askariy ham xatarli urush oldidan toʻyib kayf qilish umidida edilar. Bobur oʻgʻillarining otadan ibrat olib allaqachon may ichishga oʻtganlarini hozir yana bir ogʻrinib his qildi-yu, koʻpdan beri koʻngliga tukkan niyatini shu qirgʻinbarot arafasida amalga oshirmasa boʻlmasligini oʻyladi.

U savdarlarga buyurib ziyofat boʻladigan joydan nariroqqa kattagina chuqur qazdirdi. Chuqur yaqiniga sandiqday-sandiqday ikkita xarsangtoshni yumalatib keltirib oʻrnattirdi.

Beku navkarlar uning nima qilmoqchiligini tushunolmay hayron edilar. Bobur oltin-kumush surohiylarga may qoʻyishni buyurdi. Lekin dasturxon yoniga hech kimni taklif qilmadi. Oʻzi ham may toʻla oltin surohiy bilan haligi chuqur yaqinida tikka turibdi. Beklardan biri yonidagi oʻrtogʻiga:
— Bugun tik turib ichgaymiz, chamasi? — deb shivirladi.

Bobur hamma eshitadigan jarangdor tovush bilan:
— Janob beklar! Yigitlar! — deb gap boshladi.— Taklif boʻldiki, jangchilarga may ichiraylik, toki dadil boʻlib maydonga kirsinlar. Ammo boshimizdan oʻtgan, bilurmizki, may dadilligi — aldamchidir. Mast odam jangda ajal paymonasidan qanday ichganini bilmay qolur. Najot qayda? Ertangi jang biz koʻrgan qirgʻinlarning eng mushkuliyu eng murakkabi boʻlgʻusidir. Biz sepoyalar yasadik, arobalarni zanjirlar bilan bogʻladik, gʻalabaning barcha rejalarini tuzdik. Endi bu rejalarni eng nozik nuqtalarigacha bexato amalga oshirmasak magʻlub boʻlgaymiz. Jangda nihoyatda hushyor boʻlmogʻimiz kerak. Najot mastlikda emas, hushyorlikdadir! May ichib koʻp gunohlar qildik. Endi men hayot-mamot jangiga halqumimni poklab kirmoqchimen... Bir oʻlim har vaqt boshimizda bor. Agar ertaga kunim bitsa, bu foniy dunyodan boqiy dunyoga may mastligi bilan emas, imon pokligiyu tan halolligi bilan ketmoqchimen!

Bobur oʻsha damda chindan ham bir oʻlimni zimmasiga olib, beku navkarlari bilan vi-dolashayotgan odamday hayajonlanib gapirgan edi. Bu koʻpchilikka juda qattiq ta’sir qildi. Bir lahzalik ogʻir jimlikdan soʻng, Bobur shu bugun bitgan masnaviy she’ridan toʻrt satrini yoddan aytdi:

Kimki oʻlmak oʻziga jazm etar,
Ushbu holatta bilursenki netar.
Aritur barcha gunohidan oʻzin...
Tavba qildim chogʻir ichmaklikdin!
Soʻnggi satrini baland ovoz bilan aytgandan soʻng, surohiydagi mayni oyogʻi ostidagi chuqurga sepib tashladi. Soʻng surohiyni chuqur yonidagi xarsangtoshga qarsillatib urdi. Oltin surohiy xuddi uchqun sachratganday «yalt-yult» etib pachaqlandi-yu, koʻkat orasiga yumalab tushdi. Bunday hodisani umrlarida birinchi marta koʻrayotgan beku navkarlar qoʻllaridagi maylarini nima qilishni bilmay sarosima boʻlib qolishdi. Bobur yana ja-rangdor, ta’sirli tovush bilan she’r aytdi:

Oltinu nuqra surohi-yu, ayoq —
Majlis olotin tamomi bul choq
Hozir aylab borini sindurdum!
Tark etib mayni koʻngil tindirdum!
Beku navkarlar hang-mang boʻlib turishibdi. Kimlardir qoʻllaridagi xushboʻy mayni chuqurga toʻkishdan qizgʻanadi. Kimlardir oltin-kumush surohiylarni xarsangga urib sindirishga jur’at etolmaydi. Balki Bobur oʻziga ep koʻrgan bu ish beku navkarlarga joiz emasdir?

Oʻzining ta’sirli nutqlariyu she’rlari bilan ixlosmandlarini sehrlab olishga va ortidan ergashtirishga oʻrgangan Bobur bugun har qachongidan ham ortiq e’tiqod bilan soʻzlamoqda:
— Beklar! Yigitlar! Qachongacha nafsimizga tobe boʻlurmiz? Tokay umrimizni mayga zoe eturmiz? Ichkulikning harom kayfi kimga vafo qilibdiki, sizu bizga vafo qilgay? Oltinu nuqraga achinmang! Surohiylarning sinigʻini miskinu bechoralarga ulashgaymiz.

Agar tangrim bizga madad bersa, ertangi jangdan gʻolib chiqgaymiz! May toʻkilgan mana shu chuqur oʻrniga obod bir manzilu marmar voyin qurdirgaymiz. Niyat qilaylikki, voyin zilolday buloq suviga toʻlib tursin. Voyin boʻyiga xayr-ehson uyi barpo etaylik. Toki bu uyda ichkulik bazmlarining sarfu xarajatini, oltinu nuqra surohiylar pulini muhtojlarga xayru ehson qilib ulashsinlar. Shu ezgu niyat yoʻlida kimki menga hamdamu maslakdosh boʻlsa mayni toʻksin, sindirsin mayxoʻrlik olotini!

Bobur Humoyunga bir qarab oldi. Bu qarashning ma’nosini sezgan Humoyun:
— Hazrat otajon, men doim sizdan ibrat olishga oʻrganmishmen, — dedi. — Daf boʻlsin mayu surohiy!

Humoyun mayni chuqurga sepdi-yu, oltin surohiyni xarsangga urib sindirdi. Undan soʻng Askariy, Tohir, Hindubek... bir necha soat ichida uch yuzga yaqin beku mulozim qoʻlidagi qadahini xarsangga urib, may ichishdan tavba qildi. Bu hodisa oʻsha kuni qarorgohdagi oʻn ming jangchining hammasiga ma’lum qilindi. Boburning hayot-mamot jangi oldidan chiqargan farmonida:
— Oʻz nafsini yenggan odamlar har qanday yogʻiyni yengishga qodirdirlar! — degan soʻzlar maxsus ta’kidlandi va buni isbot etadigan misollar muqaddas kitoblardan ham keltirildi.

Bu hammasi qoʻshin orasida tarqalgan vahimani bosishga va odamlarning ruhini koʻtarishga yordam berdi. Boshqa muammolar jang maydonida hal boʻldi.

Zambaraklar yovning harbiy fillariga olovli oʻqlar otdilar. Zambarak oʻqlari kigiz parchalariga oʻralgan edi. Borutdan oʻt olgan kigiz parchalari fillarning ustiga olov boʻlib yogʻilardi. Olovdan choʻchigan yov fillari boʻkirib orqaga qaytar va izma-iz kelayotgan otligʻu piyodalarni bosib-yanchib qochib qolardi.

Lekin Rano Sangramning qoʻshini behisob koʻp edi.

Erta tongdan boshlangan jang kechgacha davom etdi. Boburning oʻzi ogʻir ahvol yuz bergan joylarga ot choptirib borardi. U zaxiradagi kuchlar yordamida yovning eng xatarli hujumlarini bir necha marta qaytarishga muvaffaq boʻldi. Humoyun oʻng qanotdan, Askariy chap qanotdan yov askarlariga ustma-ust zarbalar berdi. Kechki payt Boburning buyrugʻi bilan Turdibek Turkistoniy chopqir otlarda yovning har ikki qanotini aylanib oʻtdi-da, toʻlgʻama ishlatib, orqadan qaqshatqich zarba berdi.

Olov halqasi ichida qolgan Rano Sangramning koʻziga oʻq tegdi, bir koʻzi koʻrmay qoldi. Shunda rajput soqchilari uni jang maydonidan olib chiqib qochdilar...

Gʻalabadan soʻng oʻsha chuqur oʻrniga marmar voyin, uning yoniga xayr-ehson uyi qurildi. Xarsangga urib sindirilgan oltin-kumush surohiylar puli bevayu yetimlarga, gʻaribu muhtojlarga ulashildi...

Keyinchalik Bobur Rano Sangram Sinxning bir koʻzi oqib tushganini, oʻzi magʻlubiyat alamidan ogʻir kasalga uchrab yotib qolganini eshitdi. Hozir buni Xondamirga soʻzlab bergach:
— Gʻayridinlar uchun ham xudo bor ekan! — dedi.— Rano Sangram biz bilan ittifoq tuzgan edi. Soʻzidan qaytib, ahdini buzganlarga xudo oʻzi jazo berarkan! «Vaqoi’»ning maxsus bobida muhoribaning barcha tafsilotlarini yozmishmen. Xattot kitobning tayyor qism-lari bilan birga shu bobni ham bugun koʻchirib boʻlgay. Oqshom hammasini sizga berurmen, mavlono. Oʻqib fikr aytursiz.

Boya javobsiz qolgan iltimosiga endi javob olgan Xondamir qoʻlini koʻksiga qoʻydi:
— Siz menga tengsiz bir ishonch bildirursiz, hazratim!
— Sizni Hirotdan chorlab keltirishdan maqsad ham ijodiy ishlar boʻyicha maslahatingizni olmoq edi.
— Sarafrozmen!

Shu payt ot dupuri eshitildi. Yoʻlka oxirida uzoqdan ot choptirib kelgan chopar sakrab yerga tushdi va ta’zim bilan Bobur tomonga kela boshladi.
— Agrada biron shoshilinch ish chiqqanga oʻxshaydir, — dedi Bobur. — Mavlono, agar men poytaxtga ketsam, «Vaqoi’»ni sizga oqshom keltirib berurlar.

Bobur otini tutib turgan jilovdor tomonga yoʻnaldi.

2

Sekri togʻining shimoliy yonbagʻrida salqin bogʻning toʻrida joylashgan uch xonali shinam xilvatxona mavlono Xondamirga berilgan edi. Bobur oʻsha kuni Agraga joʻnab ketdi. Mavlono xilvatxonaning oʻymakor ayvoniga chiqib, undan yaxshi koʻrinadigan shishaday tiniq koʻlni tomosha qilib oʻtirganida xonai xosning savdarboshisi Boburning qoʻlyozmasini unga olib kelib berdi.

Qoʻlyozma xattot tomonidan zarvaraqlarga benihoya chiroyli qilib koʻchirilgan edi. Xondamir uni xona ichiga olib kirib, miz ustiga qoʻydi. Tepada yonayotgan shamlarni miz ustiga yaxshi yorugʻ beradigan qilib oʻrnatgach, koʻzoynagini taqdi va asarni ehtiyot bilan varaqlab oʻqishga tushdi.

Bundan oʻn yilcha avval Bobur Hirotga ikkinchi marta borganida Xondamirga «Vaqoi’»dan oʻqib bergan bobning uslubi mavlononi xiyol taajjubga solgan edi. Mana bu qoʻlyozmada ham Bobur qalamga olgan voqealar juda murakkab boʻlsa-da, muallif ularni ogʻzaki hikoyaga yaqin bir tarzda xiyla oddiy uslubda yozgan edi. Koʻp joylarda Xondamir hatto Boburning soʻzlash tarzini, ohangi, ba’zi bir shaxsiy xislatlarini payqab: «Gʻalati-ku!» — deb qoʻydi. Chunki otasi Mirxond Xondamirni yoshlikdan boshqacha e’tiqodlar bilan tarbiyalab oʻstirgan edi. Bu e’tiqodga binoan, nasrnavis muarrix oʻz shaxsiy uslubini davr uslubiga boʻysundirmogʻi, oʻz «meni»ni davr ummoniga qoʻshib bilintirmay yubormogʻi kerak edi. Agar asarda muallif oʻzini namoyon qilaversa, bu — nokamtarlik belgisi hisoblanardi. Katta tarixiy kitoblar hukmdorlar uchun yozilar, asosiy ta’rifu tavsif oʻshalarning ishlariga berilardi. Nazokatli oʻxshatishlar, jimjimador majozlar va shoirona koʻtarinki uslub hukmdorlarga xush kelar va barcha mualliflar boʻysunadigan bir qonun hisoblanardi.

Bobur mana shu qonunni butunlay inkor etuvchi uslub bilan asar yozgani Xondamirga ortiq darajadagi bir shakkoklikdek tuyuldi. Bobur oʻgʻli Humoyunga yozgan xatini ham kitobida keltirgan edi:

«...Xat bitirda takalluf qilay deysen, ul jihattin mugʻlaq[58] boʻladur. Betakalluf pok alfoz bila bit, senga ham tashvish oz boʻlar va oʻqigʻuvchigʻa ham».

«Ajabo! — Oʻylandi Xondamir, — betakalluf til bilan asar bitmoq Bobur mirzo uchun pok uslub belgisi hisoblanur ekan-da!» Xondamir oʻzining oʻn yildan beri yozayotgan «Habib us-siyar»ida nazokatli takalluflar koʻpligini esladi-yu, oʻzini oʻngʻaysiz sezib, oʻqishdan toʻxtadi va ayvonga chiqdi.

Osmonda sakkiz kunlik oy suzib yurar, uning nuri qarshidagi koʻlning oʻrtasida oydin yoʻlka hosil qilgan edi. Koʻlning narigi chetidan togʻ etagigacha kelgan bu nur yoʻlkasida toʻlqinlar jimir-jimiri gavhar jilvasiga oʻxshab koʻzni qamashtirardi. Lekin Xondamir shu nur oʻyinida ham Bobur tasvirlagan voqealarni koʻrar, ularning ta’sirini xayolidan uzoqlashtirolmas edi. Sertakalluf, serbezak uslub Xondamirdan juda koʻp kuch, vaqt, mehnat talab qilar edi. Bunday jimjimador uslubda asar yozish qanchalik qiyin boʻlsa, uni oʻqib tushunish ham shunchalik qiyin edi. Bobur ikki tomonni ham bu qiyinchilikdan qutqarishga intilsa nimasi yomon? Oʻgʻliga yozgan xatida «senga ham tashvish oz boʻlar, oʻqigʻuvchiga ham» deganda u haqli emasmi? Unda Xondamirning yuksak shoirona uslubga oid e’tiqodlari puchga chiqadimi? Yoʻq, bu mumkin emas!

Xondamir qaytib ichkariga kirdi-yu, oʻzining haqligiga dalil qidirib, ochiq qoʻlyozmaning davomini oʻqishga tushdi.

Hali hech bir muarrix qalamga olmagan gʻaroyib voqealar bu qadar koʻp! Xondamir kitobning mazmuni yangi va maroqli ekaniga tan bermay iloji qolmadi. Bobur oʻzini-oʻzi ochiqchasiga muhokama qilgan, oʻz xatolarini roʻyi-rost yozgan joylari ham Xondamirga ju-da iliq tuyuldi. Oxirgi boblarida yana ajib bir xat uchradi. Bobur Agradan Kobulga yuborgan bu maktub Mohim begimga atab yozilganini Xondamir sezdi. Boburning zaharlanish tafsilotlari shu yerda bitilgan edi: «Dasturxon ustida ikki-uch marta koʻnglum barham urib qusayozdim. Oxir koʻrdumkim boʻlmas, qoʻpdum... Obxonaga borib qalin qusdim. Hargiz oshdin soʻng qusmas edim, balki ichganda ham qusmas edim. Koʻnglimga shubha kechdi.

...Jon mundoq aziz nima emish: muncha bilmas edim, ul misra’ borkim:

«Kim oʻlar holatga yetsa,

Ul bilur jon qadrini».

Tengri taoloning inoyati bor ekandir, manga yangi boshdan jon bagʻishladi».

Bobur oʻz hayoti haqida bu qadar ochiqchasiga yozgani Xondamirni hayron qoldirdi. Keyingi bobda yana bir tafsilot uning e’tiborini tortdi. Ichkilikni bundan ikki yil odin tashlagan Bobur uni haligacha qaytib ogʻziga olmas edi. Buning oson boʻlmaganini Xondamir quyidagi satrlardan bildi: «Bu oʻtgan ikki yilda chogʻir majlisining orzu va ishtiyoqi behad va gʻoyat edi, andoqki, chogʻir ishtiyoqidan borlar[59] yigʻlamoq sarhadiga yetar edim».

Oʻz istagiga qarshi kurashib, yigʻlash darajasiga borganini ochiq yozish tojdorlar orasida misli koʻrilmagan bir sohibdillik ekaniga Xondamir ich-ichidan tan berdi. Ochiqchasiga aytgan mana shunaqa oddiy tafsilotlar tufayli Bobur unga oʻzi kabi bir inson farzandi boʻlib tuyuldi. Ammo boshqa tojdorlar tarixiy kitoblarda oddiy odamlarga oʻxshab koʻrinishdan qanchalik choʻchiydilar! Ular el-yurtdan mumkin qadar balandda boʻlishni, oddiy insondan koʻra xudoga yaqinroq turishni qanchalik yaxshi koʻradilar! Shuning uchun ham Xondamirdek muarrixlar podsholar haqida oddiy odamlar tushunmaydigan balandparvoz, sertakalluf tilda kitob yozishga majbur boʻladilar. Bobur oʻzi podshoh boʻlgach, bunday takalluflarni kim uchun yozadi? Hamma tomonidan qabul qilingan davr uslubining qonunlarini buzib chiqib, oʻz hayoti haqida shunday erkinlik va rostgoʻylik bilan asar yozishi — hech kimga qaram emasligi tufayli emasmikin?

Bu fikr Xondamirni Boburning uslubidagi oʻzgachalik bilan goʻyo yarashtirdi. Shundan keyin Boburga xos oddiylikning teran bir she’riy nafosati ham borligini, bu nafosat odamni sehrlab olishini sezdi. Tun yarmidan oshganda esa asarda tasvirlangan voqealarga qiziqib, uslubini butunlay esdan ham chiqardi.

Tongga yaqin ozgina uxlab, soʻng yana oʻqishni davom ettirdi-yu, qoʻlyozmaning oxiriga yetmaguncha undan ajralolmadi.

Bobur Sekriga uchinchi kun ertalab qaytib keldi— kunduzi havo juda issiq boʻlgani uchun yoʻlni tun sal-qinida bosib oʻtgan edi. U Xondamirni yana bogʻda uchratdi, ikkovi piyoda oʻsha buloq boʻyiga keldilar.

Bobur yoʻl yurib charchagan, uyqusiz oʻtgan yana bir tun yuzini juda soʻlitib qoʻygan boʻlsa ham u oʻzini xushhol tutib:
— Mavlono, mensiz dilgir boʻlmadingizmi? — dedi.
— Hazratim, men tunu kun sizdan ayrilmay suhbatingizda boʻldim, siz yozgan asar sahifalarida unutilmas damlarni boshdan kechirdim.
— Hali oxiriga yetmagandirsiz?
— Kecha peshinda oxirgi sahifasini yopganimcha hamon uning ta’siri bilan yashamoqdamen.
— Meni ayamang, mavlono, rostini ayting.
— Rostini aytsam, siz meni chil-chil sindirdingiz!

Xondamir bu gapni shunday jiddiy turib, ichki bir dard bilan aytdiki, Bobur taajjublanib toʻxtadi:
— Nechuk sindirmishmen, mavlono?
— Uslubingizdagi nafis bir soddalik qarshisida mening yuksak shoirona uslubim ortiqcha bir takallufdek tuyuldi.
— E, takallufmi? Ammo mening ahvolim oʻzingizga ma’lum. Jumlalarni takalluf bilan bezashga fursatim yoʻq edi.
— Asli goʻzal boʻlgan yuzga ortiqcha zeb-ziynat ne hojat? Hazratim, siz adabiyotimizda hali hech kim qilmagan ulugʻ bir ishni qilmishsiz. Muborak boʻlsin!
— Minnatdormen, mavlono. Biroq hali men bu ishning yoʻqolgan sahifalarini tiklamogʻim kerak.
— Tiklashingizga aminmen. Oxiri yana boshqa nek ishlaringiz yozilgusidir. Biroq shu turishda ham men bu ulkan asaringizni turkiy tilda aytilgan yangi bir soʻzdek qabul qildim. Men aminmenki, avlodlarimiz sizning bu shoh asaringizni Alisher Navoiyning «Xamsa»si kabi e’zozlagaylar. Chunki shu vaqtgacha turkiy tilda bitilgan eng ulugʻ she’riy asar «Xamsa» boʻlsa, shu vaqtgacha turkiy tilda bitilgan eng ulugʻ nasriy asar, menimcha, «Boburnoma» boʻlgʻusidir.
— Mavlono, garchi mubolagʻa qilgan boʻlsangiz ham, dil soʻzlaringiz uchun tashakkur. Men bu asarni nihoya-siga yetkazish uchun bugun yana Sekriga qaytib keldim. Agar nuqsonlari boʻlsa ochiq ayting.
— Faqir ba’zi sahifalardagi sanalaru nomlarda noaniqliklar uchratdim. Xususan, Hirotga Husayn Boyqaro saroyiga oid boblar xiyol tahrirtalab.
— Mana shu nuqtalarda menga sizning koʻmagingiz darkor.
— Bajonidil, hazratim. Neki noaniqlik boʻlsa, barchasini alohida qogʻozga yozib qoʻydim. Asaringiz bilan birga bermoqchimen.

Shu payt tepadan oʻtayotgan qushlar keskin hushtak chalganga oʻxshab noxush ovoz chiqargani eshitildi. Bobur osmonga qarab, qoramtir-qizgʻish kalxatlar galasi qanot qoqmay uchib borayotganini koʻrdi. Soʻng ularni Xondamirga koʻrsatib:
— Bu yirtqichlar janglardan soʻng oʻlaksa yeb mazaxoʻrak boʻlmishlar, — dedi. — Rano Sango bilan boʻlgan jangdan soʻng mana shu koʻl atroflarida, bogʻning oʻrnida oʻlib yotgan odamlar, gotlar, tuyalar, fillar behisob edi. Kalxatlar qon hidini sezib, uzoqlardan gala-gala uchib kelganlari yodimda bor...

Bu xotira Boburda noxush tuygʻular qoʻzgʻaganini sezgan Xondamir:
— Nachora, hazratim, — dedi. — Hanuzgacha hech bir ulugʻ davlat jangu jadalsiz barpo boʻlgan emasdir.
— Soʻzingiz chinu, ammo... Soʻnggi yillarning voqealarini qogʻozga tushirganimda, barcha qurbonlar, toʻkilgan barcha qonlar koʻz oʻngimda shunday toʻliq gavdalandiki uyqularim oʻchib ketdi... Bajur qoʻrgʻonida uch ming kishining qilichdan oʻtkazilgani... Panipatda bir necha yuz asirning toʻfangdan otib oʻldirilgani... Bizning odamlar ham kalla-minoralar qoʻnargani...
— Hammasini umr kitobingizda roʻyirost bitmishsiz.
— Chunki avlodlar haqiqatni bilsinlar, bizni farishta deb oʻylamasinlar. Qilgan gunohlarimiz oʻzimizga nechogʻliq ogʻir tushganidan ogoh boʻlsinlar.

Boburning ruhida dam-badam sezilib qolayotgan ichki bir dard — faqat xastalik yoki charchoqlikdan emasligini Xondamir endi sezdi. Bobur ijodiy ishga berilgan sari uning qalbidagi shoh bilan shoirning murosa qilishi qiyinlashib ketardi.

Xondamir beixtiyor Hirotni va Alisher Navoiy bilan Husayn Boyqaro orasidagi murakkab munosabatlarni esladi. Bu ikki zot yoshlikdan bir-birlarini yaxshi koʻrar edilar, ammo podshohning shafqatsiz ishlari shoirning nafis tuygʻulariga shu darajada zid kelar ediki, Alisher Navoiy Husayn Boyqaro bilan bir shaharga, hatto bir mamlakatga sigʻishmay qoladigan va Xurosonni tashlab hajga ketishga astoydil intiladigan paytlari boʻlardi.

Hatto bir shaharga va bir mamlakatga sigʻmaydigan katta shoir bilan podshoh Boburning qalbida birga yashashga majbur ekanini va bu uni qanchalik qiyin ahvollarga solishini Xondamir hozir yaqindan koʻrganday boʻldi. Uning yodiga Boburning:

Yuz xayfki, zoe’ oʻtadir umri aziz,

Afsuski, botil[60] boradir umri sharif!

degan satrlari tushdi. «Shoir bu satrlarni podshohlik tashvishlaridan toʻyib ketgan paytda yozgan boʻlsa kerak!» degan oʻy koʻnglidan kechdi.

Bobur buloq boʻyiga choʻnqayib oʻtirib, kaftini muzday tiniq suvga toʻldirib oldi-da, uni simirib, xiyol tafti bosilganday boʻldi.

Xondamir gapni yoqimliroq mavzuga burgisi keldi:
— Hazratim, Hirotda uchrashganimizda siz oʻz hayotingizni... koʻchki bosgan buloqqa oʻxshatgan edingiz. Yodingizdami?
— Yodimda bor.
— Faqir hozir taxmin qildimkim, Movarounnahrda koʻchki bosgan buloq balki shu yerga kelib qayta koʻz ochgandir?
— Aql bovar qilmaydir. Orada shuncha uzoq masofalar bor.
— Lekin chinakam zoʻr iste’dodlar — Oʻlmas buloqlarga oʻxshar ekanlar. Ularning koʻzini oʻn joyda bekitsalar, oʻn birinchi joydan yana yorib chiqar ekanlar!
— Rost, hazratim, turk olamining bu tarixiy nuqsoni haqida siz bilan Hirotda ham koʻp dardlashgan edik.
— Ana oʻshal dardlarning turtkisi bilan men Kobulu Samarqandda turkiy alifboni tiklamoqchi boʻldim. Bundan maqsad — barcha davlat ishini turkiy tilda yuritmoq edi. Ammo... bu harakat qanday fojea bilan tugagani ma’lumingizdir.
— E-voh, shunday ulugʻ jasorat uvol boʻldi-ya! Johillar yana gʻolib keldilar!
— Ammo turkiy alifbo bilan turkiy ma’naviyatga oid orzular meni hamon tark etgan emas. Oʻgʻillarim Humoyun bilan Komron xatti Sigʻnoqiyni mukammal oʻrganibdir, menga oʻshal alifboda maktublar biturlar. Hozir men tunu kun turkiy tilda oʻylaymen, shu tilda ijod qilmoqdamen. Chunki bizga ona suti bilan kirgan tilimiz — bizning ma’naviy vatanimizdir. Turkiy tilda yozganimda ruhim yana Andijonu Samarqandga qaytgandek taskin topur. Ma’naviyat ohanrabosi bilan turkiy ellarni ruhan yaqinu inoq qilish mening ezgu niyatimdir. Bu niyatga biz yetolmasak, shoyad kelgusi avlodlar yetsa!

Bobur koʻpdan beri uyqusiz yurganidanmi yoki sogʻinch hissining zoʻridanmi, koʻzlari beixtiyor yoshga toʻldi.
— Men ham Hirotni behad sogʻinib yuribmen, hazratim. Lekin... Oʻzingiz aytgan edingizki, Hind ham endi biz uchun vatan. Yozgan asarlaringiz Hindning shavkatiga ham shavkat qoʻshgʻusidir. Hindda barpo qilgan ulugʻ davlatingiz esa sizni voyaga yetkazgan Movarounnahrga ham shuhrat keltirgusidir.
— Zora shunday boʻlsa! — dedi Bobur.

U Xondamir bilan kechgacha dardlashib yurdi-yu, koʻnglini boʻshatib, oʻzini ancha yengil sezdi. Biroq kechasi yana uyqusi qochib, tong otguncha mijja qoqmadi.

Agra - Yulduzlar Girdobi

1

Yana yozning jazirama issiqlari boshlandi. Bobur goh devoniomda, goh kutubxonada ishlar, mudom ichi kuyib, sovitilgan norinj sharbati va yaxna choy ichar, lekin chanqogʻi hech bosilmas edi.

Bir kun peshin kechroq Tohir xilvatxonaga uch-toʻrt bosh oq kishmish uzum olib kirdi. Hozirgina uzib yuvilgan oltin rang kishmish donalari ustida suv zarralari yiltirab turadi. Koʻpdan beri bunday uzumni koʻrmagan Bobur taajjub bilan:
— Qaydan oldingiz? — dedi.
— Oʻzimizning Hasht Bihisht bogʻimizdan. Samar-qanddan keltirilgan kishmish koʻchatini oʻz ilkingiz bilan ekkaningiz yodingizdami, hazratim?

Bobur quvonib uzumdan bir boshini qoʻliga oldi. Bu yerlarning tarixida birinchi marta yetishtirilgan oq kishmish sal sersuvroq boʻlsa ham, lekin uning ta’mi Boburga Samarqandni eslatdi. Uzum yegan sari chanqogʻi bosilib, oʻzini birdan tetik sezdi.
— Buni Mohimga koʻrsatmoq kerak! — deb oʻrnidan turdi.

Bultur kuzda Kobuldan Agraga koʻchib kelgan Mohim begim bu bogʻning toʻridagi marmar koʻshkda edi. Bobur barkashdagi uzumni Tohirga koʻtartirib, gulzor yoʻlkalardan koʻshkka qarab ketdi.

Havo dim va rutubatli. Yana pashkol fasli boshlanib, osmondan bulut arimay qolgan. Barkashdagi oltinrang kishmish Boburga shu bulutlarni yorib oʻtib, uzoq Samarqanddan yetib kelgan yorugʻ bir nurdek koʻrinardi.

Mohim begim koʻshkning ayvonida miz ustiga engashib allanarsa yozmoqda edi.

Ayvonga Tohirni ergashtirib kirgan Bobur:
— Uzumimiz pishibdi, Mohim! — dedi. — Bir tatib koʻring.

Mohim begim oʻrnidan turib, Boburni odatdagiday ta’zim bilan qarshi oldi, lekin oʻpkasi toʻlib, durust gapirolmadi.

Soʻnggi ikki yil ichida yarasidan qolgan asoratlar tuzalib, qoʻllari avvalgiday ishlaydigan boʻlib ketgan Tohir uzumni ta’zim bilan Mohim begimga tutdi.

Mohim begim barkashni uning qoʻlidan olib, miz ustiga qoʻydi. Uning qovoqlari shishib, koʻzlari yigʻidan qizarganini payqagan Tohir sekin orqasi bilan yurib chiqib ketdi.

Er-xotin yolgʻiz qolganlarida Bobur:
— Sizga ne boʻldi? — dedi. — Yigʻlabsizmi?
— Nafasim qisildi...

Mohim begim qirq yoshga borgandan beri yuzlari toʻlishib, anchagina semirib qolgan edi. Kobulning yengil va quruq togʻ havosiga oʻrgangan begim Jamna boʻyidagi issiq kunlarda sernam dim havodan nafas olish qanchalik qiyin boʻlishini avval ham eshitgan, bir chekkasi shu sababdan toʻrt yilgacha Agraga kelmay yurgan, axiri Boburning yuzidan oʻtolmay bultur kelgan edi.
— Pashkol faslida men ham juda qiynalib, nafas olurmen, — dedi Bobur. — Tashvish chekmang, oʻrganib ketursiz. Qani, uzumdan oling!

Mohim begimning hech narsa yegisi kelmas edi. Shunday boʻlsa ham kishmishdan ikki dona olib ogʻziga soldiyu, Boburning koʻngliga boʻla:
— Yaxshi pishibdir, — dedi.
— Maktub yozmoqchi edingizmi?
— Ha, Humoyunga... Mening nafasimni pashkol emas, sogʻinch qisadir!

Toʻlib oʻtirgan Mohim begim birdan yigʻlab yubordi:
— Men hamisha Humoyunning diydoriga zormen. Siz mudom oʻgʻlimni mendan uzoqlarga yuborursiz! Kobulda ekanimda Humoyun Jamnayu Ganga boʻylaridan boʻshamadi. Men Agraga keldim, Humoyun Badaxshonga joʻnab ketdi. Badaxshonni tinchitib qaytdi hamki, uni yana uzoq Sambxalga yubordingiz. Qayerda bir xatar boʻlsa, oʻshanga Humoyun roʻbaroʻ! Qaysi uzoq yurtda mushkul ish boʻlsa — yana Xumoyun! Men bu yerda xavotirlikda qon yutib iztirob chekurmen!
— Bunchalik xavotirlanishning ne hojati bor, Mohim!
— Siz xavotirlanmaysiz, hazratim, sizning farzandlaringiz koʻp! Mening yolgʻiz farzandim qolgan! Uchtasini tuproqqa topshirib, shu birgina Humoyun bilan qolganmen!

Gulbadan ota-onasini hech qachon bunday mushkul va noqulay ahvolda koʻrmagan edi. U koʻzlari javdirab, nima gap boʻlayotganini tushunolmay lol boʻlib turardi. Axir hazrat onasi podshoh otasiga nihoyatda mehribon edi-ku. Kobuldan ikki oy yoʻl yurib, kela-kelguncha uning nomini tildan qoʻymay e’zozlab gapirar edi-ku! Hazrat otasi ham ularga Agradan peshvoz chiqib, Jaloli koʻli yaqinida kutib olmaganmidi? Charchagan otidan tushib, boshqa ot keltirgunlaricha sabri chidamagan Bobur Mohim begimning oldiga piyoda kelgan emasmidi? Soʻng suyukli xotinini e’zozlab, uni otdan tushishga qoʻymagan, oʻzi esa Mohim begimning oti yonida uch chaqirimcha joyga piyoda borgan edi-ku. Buni koʻrgan odamlar: «Podshohning oʻz xotinini bu darajada yuksak izzat-ikrom bilan kutib olganini umrimizda koʻrgan emasmiz!» deganlarini Gulbadan oʻz qulogʻi bilan eshitgan edi-ku. Hozir bularga nima boʻldi?

Bobur qizchasining hang-mang boʻlib turganini sezib, tez oʻrnidan turdi, barkashdagi uzumdan bir boshini qoʻliga berdi:
— Ma, qizim, ye!— deb unga muloyim gapirib, eshikdan tashqariga yetaklab chiqdi. — Bor, endi bogʻda oʻyna.

U koʻz yoshlarini hamon toʻxtatolmayotgan Mohimning qarshisiga qaytib kelib oʻltirdi va hazin tovush bilan dedi:
— Mohim, siz mendan har qancha ranjisangiz haqqingiz bor. Shariat ruxsat bergani bilan har bir musulmon uch xotin olishi shart emas edi... Mendek sayyohtabiat odam...

Umrining yarmidan koʻpini safarlarda, janglarda oʻtkazishini bila turib, uch xotin olishi... kechirilmaydigan bir xatolik boʻldi. Bu xotinlarning hech biri men orzu qilgandek baxtiyor boʻlolmaganini... bugun sizga qarab koʻrib turibmen... Kundoshlik alamlari... Bir-biriga oʻgay bolalarning raqobati... Ota-bobolarimizni oʻrtagan bu jahannamlar bizga daxl qilmas deb oʻylagan edim... Yoʻq, mana, hatto sizdek suyukli yorim ham... shu jahannam azobidan koʻzyosh toʻkmoqdasiz. Majruh dilim sizni koʻrib, battar xastalandi.

Mohim begim Boburning sargʻayib qolgan kasalmand yuziga qaradi-yu, koʻz yoshini apil-tapil arta boshladi.
— Hazratim, mendan ozorlanmang. Men bir munglik ayolmen. Siz podshohsiz. Arzimni sizga aytmasam, kimga aytamen?
— Ha, men podshohmen — butun balo shunda. Neki xatolik, neki gunoh qilgan boʻlsam, hammasining birlamchi sababi mening podshohligimdir. Yoshligimda podshohlik zanjiridan qutulib ketmoqchi boʻldim. Lekin meni bu zanjirdan xalos qiladigan najotkor topilmadi. Endi umidim borki, mening najotkorim Humoyun boʻlgʻusidir.

Mohim begim Boburning bu soʻzlariga ishonib-ishonmaganday unga termilib qaradi.
— Mohim, maktubingizni davom ettiring. Mening nomimdan ham yozing, Humoyun Agraga tezroq qaytsin. Koʻzim tirikligida toju taxtni egallasin. Yozing, men imzo chekurmen!
— Hazratim, Siz Humoyunni toju taxtga bunchalik intiq deb oʻylamang! Hech unday emas! Men faqat oʻgʻlimiz yonimizda boʻlsin demoqchi edim, xolos!
— Yozing, kelsin!.. Faqat podshoh boʻlish sharti bilan kelsin. Bu maxfiy gapni hozircha boshqa hech kim bilmasin.

Boburning niyati jiddiyligiga endi ishongan Mohim begim:
— Siz... Kobulga qaytmoqchimisiz? — deb soʻradi.
— Mabodo, olamdan koʻz yumsam, Kobulda dafn etinglar.
— Nechun bunday deysiz?
— Sizdan yashiradigan sirim yoʻq, Mohim. Siz Kobulda «fotihlikning qasosi qaytsa yomon boʻlur» degan edingiz. Shu gapingiz rost chiqdi. Podshohligu fotihlik balolari malika Bayda bergan zahar shakliga kirib, mening umrimni kemirdi. Agar men ham bor ku-chimni faqat ilmu ijodga bersam, balki Beruniydek yetmishdan osharmidim? Yoki Alisher Navoiydek oltmishga kirarmidim? Biroq mana qirq yetti yoshimda umrimning oxiri koʻrinib qoldi.

2

Otasining maxfiy maktubi borganda Humoyun Sambxalda ogʻir kasalga chalinib toʻshakda yotgan edi. Maktubni oʻqigach odamlariga:
— Meni tezroq Agraga yetkazinglar!— deb buyurdi.

Dehliga kelguncha Humoyunning isitmasi yana oshib, kasali battar ogʻirlashdi. Uni olib kelayotgan Hindubek yoʻlda biror kor-hol boʻlishidan qoʻrqib, darhol Agraga xabar yubordi-yu, oʻzi Dehlida qolib Humoyunni eng yaxshi tabiblarga davolata boshladi.

Lekin doru darmon kor qilmas, qora bezgakka oʻxshash bir dard Humoyunni kechayu kunduz kuydirib, goʻyo jingak qilib tashlamoqda edi.

Agradan ikki kechayu kunduz otliq yoʻl yurib, Mohim begim yetib keldi. Daryo yoʻli tinchroq va salqinroq deyishib, Humoyunni Dehlida kemaga solishdi-da, oqim boʻylab Agraga olib kelishdi.

Humoyunni taxtiravonga yotqizib, sakkiz yigit Zarafshon bogʻiga koʻtarib kirdi. Bobur rangi yerday oʻngib ketgan Mohim begimni koʻrgandayoq, yuragi «shuv» etib ketdi. Yigitlar koʻtarib kelayotgan taxtiravon uning koʻziga tobutday sovuq koʻrindi.

Humoyun tuni boʻyi alahlab behush yotdi. Faqat sahar palla koʻzini xiyol ochib, tepasida turgan otasini tanidi, oʻrnidan turgisi kelib qimirladi, lekin boshini koʻtarishga ham madori yetmadi. Otasining maxfiy maktubida yozilgan gapga rozi boʻlolmasligini aytmoqchi boʻlib:
— Biz... xizmatda... sizsiz... — «Mumkin emas!» deganday bosh chayqadi-yu, keyin yana allahlay boshladi. — Gʻulga uring... uring! Ketdi!.. Toʻxta!..

Humoyun nafasi qaytganday talvasa qilib, oʻzini u yoqdan-bu yoqqa bir-ikki otdi-yu, yana hushidan ketdi.

Saroy tabiblari bu ogʻir dardga hech bir davo topolmadilar. Mohim begim yum-yum yigʻlaydi. Bobur suyukli oʻgʻlini hadeb oʻtga-suvga solib, shu kasallikka oʻzi ham sababchi boʻlganday oʻrtanardi. Ogʻir paytlarda Bobur suyanib oʻrgangan odamlar biron chora topishni undan kutadilar. Lekin hozir u ham chorasizlikdan oʻzini qoʻyadigan joy topolmay qiynaldi. Keksayib munkillab qolgan shayxulislom Boburning yoniga keldi:
— Hazrati oliylari, koʻp gʻam chekmang, parvardigor gʻoyibdan shifo yuborgusidir, — dedi. — Tabiblardanki ish chiqmadi, endi xudo yoʻliga dunyo molidan tasaddiq qilmoq kerak.

Bobur shayxulislomning niyatiga tushunolmay:
— Qaysi moldan? — deb soʻradi.
— Jon omon boʻlsa javohir topilur. Oʻshal... ashxas olmos yaxshi tasaddiq boʻlgʻay.

Bobur Jamna ustida kemada oʻltirganda Humoyun keltirib koʻrsatgan olmosni esladi.
— Koʻhinurnimi?

Shayxulislom tasdiq ma’nosida bosh irgʻadi. Bobur hushini bir joyga yigʻib:
— Taqsir, kimga tasaddiq qilaylik?— deb soʻradi.

Qiymati ulkan oltin xazinalariga barobar keladigan bu olmosni oʻgʻrilardan qoʻriqlab turish uchun ham juda koʻp navkar kerak edi. Shuni biladigan shayxulislom «menga» deyishga tili bormadi.
— Murtazo Ali mozoriga, — dedi. — Din yoʻliga.

Mozor va Koʻhinur olmosi bir-biriga mutlaqo qovushmaydigan narsalar edi. Dindorlarning kattasi shayxulislom boʻlganligi uchun olamni bezaydigan bu goʻzal olmos aylanib kelib uning sandigʻiga tushishi aniq. Bobur hozir molu dunyoni oʻylaydigan ahvolda boʻlmasa ham Humoyunga taqdim etilgan bu noyob gavharga munkaygan shayxulislom koʻz tikkani uni sergaklantirdi. Ruhoniylar ilojini topsa podshohdan ham baland turishga va ularning boshiga ogʻir kun tushganidan foydalanib oʻz hukmlarini oʻtkazishga intilishlari koʻpdan ma’lum edi.
— Taqsir, nazaringizda, oʻshal olmos azizmi yoki mening jonim aziz?

Shayxulislom hang-mang boʻlib:
— Nechun unday deysiz, hazratim! — dedi. Undoq olmoslarning yuztasidan sizning bir moʻyingiz azizroqdir!
— Minnatdormen! Undoq boʻlsa, men Humoyunga jahondagi barcha olmoslardan ham aziz-roq bir narsamni qurbon qilmoqchimen. Faqat bu qurbonni sizu bizga oʻxshagan bandalari emas, zarur boʻlsa parvardigorning oʻzi olsin!

Bobur oʻziga umid bilan qarab turgan odamlarning orasidan oʻtib, Humoyunning toʻshagi yoniga keldi.
— Humoyun, jigarbandim! — dedi u hamma eshitadigan tovush bilan. — Sening betoqatligʻingga men toqat keltiray. Sening shu ogʻir dardingni xudo sendan olib menga bersin!

Behush yotgan Humoyun bu gaplarni eshitmas, lekin bemorning xobgohidagi ayollar, mulozimlar, tabiblar, ruhoniylar — hammasi Boburga quloqlarini ding qilib qarab turardilar.

Bobur umumiy jimlikda Humoyunning boshidan uch marta aylandi-yu:
— Yo, parvardigor! — deb iltijo qildi. — Menki Boburmen, agar jon berish mumkin boʻlsa, umru jonimni Humoyunga qurbon qildim! Azroyil mening jonimni olsinu xudo Humoyunga shifo bersin!

Mohim begim yigʻidan toʻxtab, Boburga qoʻrquv aralash hayrat bilan tikilib turardi. Keksa shayxulislom esa hozirning oʻzidayoq Humoyuning sogʻayib ketishini va Boburning holsizlanib yiqilishini kutganday ancha vaqt ota-bolaga baqrayib qarab turdi. Lekin kutilgan moʻ’jiza yuz bermadi. Behush Humoyun alahlab bir nima dedi-da, yana jim boʻldi.

Boburning badanidan «lop» etib olov chiqqanday boʻldi, vujudi qizib ketdi. U hamon behush yotgan Humoyunga qarab:
— Koʻtardim dardingni! — dedi-da, yelkasiga ogʻir yuk olgan odamday qaddi xiyol egilib xobgohdan chiqib ketdi...

3

Yigirma uch yoshlik Humoyunning yigit yuragi otasi koʻrsatgan ruhiy madaddan kuch olib, ogʻir kasallikni axiyri yengdi. Oradan bir hafta oʻtgach, u kasal koʻrishga kelganlarni oʻrnidan turib qabul qildi. Yana ikki kundan soʻng otasini borib koʻrish uchun xobgohidan chiqdi.

Bobur oʻgʻlini Orombogʻning toʻridagi xonayi xosda qabul qildi. Humoyun uning qarshisida tiz choʻkib, koʻziga yosh olib gapirdi:
— Hazratim, men sizning iltijongiz bilan shifo topmishmen. Oʻzimga kelganimdan beri xudodan tilaymenki, sizning umringiz uzoq boʻlsin! Bu ulugʻ davlatni siz barpo etdingiz. Hammamizning pushti panohimiz oʻzingizsiz. Parvardigor bizga rahm qilsin!

Bobur oʻgʻlini yelkasidan olib oʻrnidan turgʻizdi:
— Mana, shukr, yuribmen-ku, oʻgʻlim. Sen koʻp xavotir boʻlma.
— Ammo shayxlar: «Hazratim oʻgʻliga kelgan ajalni oʻzlariga oldilar», deb koʻnglimga gʻulgʻula soldilar.

Bobur oʻgʻliga oʻng yonidan joy koʻrsatdi.
— Humoyun, oʻgʻlim, mardona boʻl, eng ogʻir yuklar endi sening yelkangga tushadigan koʻrinadir. Xayriyat, tuzalib ketding. Agar mutaassib shayxlarning gapiga kirib, Koʻhinur olmosini tasaddiq qilsam, ular gʻolib chiqmasmidi? «Humoyunni biz oʻshal tasaddiq evaziga qutqarib qoldik, biz podshohdan ham zoʻrmiz!» deb tantana qilmasmidi? Imonu e’tiqod bunday gʻarazlardan baland turmogʻi kerak-ku, axir!
— Ilohim, siz haqqingizdagi karomatlari ham yolgʻon chiqsin!
— Har qalay, sen Ollohu taologa gʻarazli shayxlar orqali emas, bevosita imonu e’tiqoding orqali iltijo qilishga oʻrgangin. Shayxlar mudom podshohning tepasiga chiqib, unga hukmini oʻtkazishga intilurlar. Shundan ehtiyot boʻlgin.
— Toki tirikmen, bu oʻgitingizga hamisha amal qilgaymen!.. Endi... Hazratim, Sambxal chegarasida yana qonli toʻqnashuvlar boʻlmoqda emish. Ijozat bersangiz, men borib chegaralarni tinchitsam...

Bobur indamay oʻrnidan turdi-da, xonayi xosning toʻridagi sandiqni ochdi. Humoyun tik turgan holda otasiga yuzlanib qoʻl qovushtirdi.

Bobur sandiqdan oq ipak matoga oʻralgan qilichni oldi.
— Humoyun, oʻgʻlim, mening qancha umrim qolgani xudoning oʻziga ayondir. Sohibqiron bobokalonimizning mana shu qilichini endi sen taqmogʻing kerak. Bu qilichga «Kuch — adolatdadir» degan soʻzlar bitilgan. Doim odil boʻlginu magʻlub boʻlmagin!

Bobur qilichni oʻgʻliga ikki qoʻllab uzatdi. Humoyun tabarruk qilichni tiz choʻkib oldi-da, uning muqaddas yozuv bitilgan joyini koʻzlariga surib oʻpdi.
— Mayli, — dedi Bobur. — Sambxal notinch boʻlsa, borib tinchitginu oʻrningga Hindubekni qoʻyib qaytgin. Endi davlat ishini zimmangga olmogʻing kerak...

* * *

Yomgʻir fasli oʻtib, osmon yana bulutlardan tozalandi, tunlar salqin boʻlib qoldi. Bobur uyqusiz tunlarda boqqa chiqar va yulduzlarni tomosha qilgisi kelib osmonga qarardi. Lekin tanida isitmaning balandligidan osmondagi yulduzlar joyidan koʻchib, girdobga tushib aylanib ketayotganday koʻrinar, koʻngli behuzur boʻlib, osmondan darhol koʻzini olardi.

Kunduz saroyda davlat ishlarini qilgan paytida goh shayxulislomni, goh nufuzli a’yonlarni uchratur, ular Boburga avvalgidan ham pastroq, egilib ta’zim qilishar, lekin oʻlishi muqarrar boʻlgan bemorga qaraganday musibatli koʻzlar bilan qarashar, muomalalaridagi alohida muloyimlik ham shundan dalolat berar edi. Ularning e’tiqodiga binoan, Bobur oʻz hayotini oʻgʻliga qurbon qilgan, shuning uchun Humoyun tuzalib ketgan, endi koʻzga koʻrinmas ajal qilichi Boburning boshi ustida osilib turar edi.

Ochiq aytilmaydigan, haddan ortiq mayin gaplar, ta’zimu tavozelar ostiga yashiriladigan bu mash’um ishonch Boburga juda ogʻir ta’sir qilar, goho atrofida aylanib yurgan oʻlim sharpasini uning oʻzi ham sezganday boʻlardi.

Mezon oʻtib, qavs oyi kirganda Boburning kasalligi battar ogʻirlashdi. Biror joyida yara yoki shish yoʻq, nuqul ichi kuyadi, isitmasi koʻtarilib, uxlay olmaydi, rangi kun sayin soʻlib boradi. Mavlono Yusufiy mamlakatning eng mashhur tabiblaridan uch-toʻrttasini chaqirtirib maslahatlashdi. Bemorning tomiridan qon olib koʻrishdi. Qonning rangi sogʻlom odamnikidek tiniq emas, allanechuk iriganga oʻxshab qolgan edi.

Tabiblar oʻzaro kengashib, «Malika Bayda bergan zaharning qonda asorati qolgan» degan xulosaga keldilar va qonni tozalaydigan dorilardan, anor suvidan koʻproq berishni buyurdilar.

Lekin bu narsalarning hech biri kor qilmadi. Bobur holsizlanib yotib qolgach, Humoyunga chopar yuborishdi.

Humoyun kelsa, otasi oʻz xobgohida baland oq toʻshakda terga botib yotibdi. Rangi sap-sariq boʻlib ketgan. Boburning bosh tomonida Xonzoda begim pat yelpigʻich bilan uning yuzini yelpiyapti. Oyoq tomonida Mohim begim gʻam-gʻussaga botib, haykalday beharakat oʻltiribdi.

Humoyun tiz choʻkib, otasining toʻshagini quchoqladi. Boburning ozgʻin qoʻlini oʻpib koʻrishdi, soʻrashdi. Soʻng otasining bu ahvoliga oʻzi sababchi boʻlganday yonib gapirdi:
— Nechun bizga bunchalik jon fido qildingiz, hazratim?

Bobur majolsiz tovush bilan:
— Sen buni oʻzingdan koʻrma, — dedi. — Illat qonda emish. Bilmadim... Har qanday olov ham yonib-yonib axiyri bir kun... — Bobur «oʻchadi» demoqchi boʻldi-yu, lekin ayollarni ayadi: — Alangasi pasayadir. Men umr boʻyi ayovsiz yondim.
— Biz uchun ham kuyib-yongansiz! Endi bu qarzlarni uzishga mening butun umrim yetmagay!
— Qarzingni menga uzolmasang... farzandlaringga uzarsen...

Bobur toʻxtab-toʻxtab soʻzlayotgan boʻlsa ham koʻnglidagi gaplarini ravon aytayotgani Humoyunni umidlantirdi. U otasining soʻzini boʻlmay, jim quloq sola boshladi.
— Temuriylarning koʻpchiligi... fidoyilikni unutib... yoʻq boʻlib ketdi. Oʻgʻil otani oʻldirdi. Ogʻa iniga xiyonat qildi... Oqibatda... bari razolatning qurboni boʻldi... Undan koʻra.. yaxshilikning fidosi boʻlgan afzal emasmi?... Mana ammang Xonzoda begim... Samarqandda meni qutqarib oʻzini asoratga soldi. Bu fidoyilik meni hamisha... shunday boʻlishga undab keldi... Sen ham endi inilaringu... avlodlaringni mardlikka... fidoyilikka oʻrgatgin.

Bobur toʻshakning orqa tomonidagi harir oq pardaning ortiga boshini burib qaradi. Parda ortida odam borligini Humoyun endi payqadi.
— Tohirbek, juzdonni keltiring, — dedi Bobur.

Shu vaqtgacha qimir etmay oʻtirgan Tohir endi tez oʻrnidan turdi-yu, tokchadagi katta charm juzdonning ichidagi yangi muqovalangan qoʻlyozmasi bilan ikki qoʻllab koʻtarib keldi.
— Badaxshonda, «Vaqoi’»ni soʻragan eding, — dedi Bobur Humoyunga. — Mana, yozib tugatdim. Ol.

Togʻlar orasida Bobur: «Bu kitob bitganda mening umrim ham tugagay!» — degani Humoyunning yodiga tushdi. U juzdon ichidagi kitobni olib peshonasiga surib oʻpar ekan, koʻzidan tirqirab yosh chiqib ketdi. Yirik bir yosh tomchisi zarhal muqova ustiga tomib tushganini Bobur ham koʻrdi.
— Sendan iltimosim, — deb davom etdi Bobur. — Buni avlodlaring ham oʻqisin.. Xatolarimni takror etmanglar. Yaxshi ishlarim... oz boʻlsa, koʻpaytiringlar. Bu kitobdan nusxalar koʻchirtirib, Samarqandga... Toshkentga... Andijonga... munosib odamlarga yuborgin... Men tugʻilgan yurt bilan aloqani uzmanglar. Shoyad men bitgan kitoblar... ikki oradagi aloqaning rishtalari boʻlsa...

Bobur oʻgʻliga vasiyat qilayotganini sezib turgan Xonzoda begim oʻzini ortiq tutib turolmadi.
— Boburjon, men egachingiz!.. Men... men sizdan besh yosh kattamen! Bu dunyodan ketish navbati avval meniki! Siz taslim boʻlmang! Boburjon, inim!

Xonzoda begim uning podsholigini unutib, «Boburjon!» deganda Bobur bolaligini eslab, koʻngli bir orziqdi. U beklardan ham, savdarlardan ham, begonalardan ham, hatto suyukli oʻgʻli va xotinidan ham nuqul «hazratim» degan murojaatni eshitar, koʻp ishlatilaverib siyqa boʻlib ketgan bu soʻz uning me’dasiga tekkan edi.

Piq-piq yigʻlayotgan Mohim begim oldingi ogʻir suhbatlarni eslab:
— Mening xarxashalarim ham sizni xasta qildi, hazratim! — dedi. — Meni kechiring!
— Mohim, siz meni kechirsangiz boʻldi... Men sizdan rozimen... faqat endi meni hazratim demang...

Mohim Boburni: «Koʻz ochib koʻrgan tanho yorimsiz, jismimdagi jonsiz!» demoqchi boʻlib ogʻiz juftlab koʻrdi-yu, lekin atrofidagilardan uyaldi. Yigʻi aralash:
— Xoʻp, — deya oldi, xolos.

Bobur uning aytilmagan soʻzlarini ovozidan, koʻzlaridan sezdi. Soʻng oʻgʻliga yuzlandi:
— Humoyun, men sendan ham «ota» degan soʻzni hali eshitganim yoʻq.

«Ota» degan joʻngina soʻzga oʻrganmagan Humoyun:
— Padari buzrukvor! — deb koʻrdi. Bundan otasining koʻngli toʻlmaganini sezdi-yu: — Otajon! — dedi. — Siz saltanatni menga bermoqcshi boʻlibsiz. Lekin ishoning, men bu toju taxtdan sizning bir nafaslik umringizni afzal koʻrurmen!
— Men sendan rozimen... Endi mendan ham rozi boʻlinglar!

Xonzoda begim rozilik soʻrashga tili bormay oʻrtanib yigʻladi. Uning yigʻisiga Mohim begim qoʻshildi. Bu ogʻir ahvolning ustiga kirib kelgan mavlono Yusufiy Boburning koʻzlari bejo boʻlayotganini, uni qattiq ter bosganini koʻrdi.
— Endi hazratim orom olishlari kerak! — deb qoʻliga oq dokani olib, Boburning yuzidan, boʻyinlaridan terlarini arta boshladi. Qiynalib nafas olayotgan Bobur bosh tomonda turgan Tohirga shivirlab:
— Yelping!.. — dedi.

Yigʻi-sigʻi bilan Boburni qiynab qoʻyganlarini endi sezgan begimlar sekin chiqib ketdilar. Bobur Humoyunga:
— Endi eshik ogʻa bilan... a’yonlar kirsin, — dedi.— Koʻzim tirikligida... hokimiyatni senga topshiray.

Tashqarida kutib turgan Muhammad Doʻlday va boshqa nufuzli beklar kirdilar. Bobur ularning oldida podsholik tojini oʻgʻli Humoyunga topshirdi. Rozi-rizolik soʻrash paytida beklardan bir-ikkitasi koʻziga yosh olganday boʻldi. Lekin chiqib ketayotganlarida hammalari endi Humoyunning atrofida parvonaday aylanib, yangi inoyatlar umidida koʻzlari tama bilan yonganini Bobur koʻrib qoldi.

Xonada Tohir bilan ikkovlari qolgandan soʻng:
— Endi... beku sultonlarga mening keragim yoʻq, — dedi. — Tohirbek, kechga... Mavlono Fazliddinni chaqirtiring.

Tohir Boburga tabib Yusufiy buyurib ketgan suyuq doridan ichirtirdi, uning qiyshayibroq qolgan yostigʻini toʻgʻrilab qoʻydi. Soʻng savdarlar xonasiga oʻtib, togʻasiga odam yubordi.

Aytilgan paytga yetib kelgan mavlono Fazliddin Boburning oʻlim toʻshagida yotganini koʻrdi-yu, tugʻyon ichida:
— Hazratim, xudo sizga quvvat bersin! — deb qoʻlidan oʻpdi.
— Men... podshohlikni Humoyunga topshirdim... Minba’d hazratim, demang, mavlono. Munosib koʻrsangiz... meni ham mavlono deng.
— Biz Navoiyni ulugʻ ijodlari uchun «hazrat Alisher» der edik. Siz turkiy adabiyotimizning Navoiydan keyingi eng ulkan siymosidirsiz. Shu sababli sizni shoir va adib sifatida «Bobur hazratlari» deyishga haqlimiz».
— Minnatdormen, mavlono... Siz Agrada, Sekrida, Dehalpurda ajib koʻshklar, oromgohlar barpo etdingiz... Xudo umr bersa men... Samarqanddagi Bibixonim madrasasidek ulugʻ bir... madrasaning tarhini sizga... chizdirmoqchi edim... Opa-singillarimizning qadrini boshimizga... koʻtarsak arzigay...

Mavlono Fazliddin Boburning soʻnggi kuchlarini toʻplab, qiynalib soʻzlayotganini sezdi-yu, uning fikrini oʻzi davom ettirdi:
— Dono soʻzlarni aytdingiz, hazratim! Chindan ham xalqimizda bu odat azaldan mavjud... Samarqandda Bibixonim madrasasidan tashqari Turkan ogʻo maqbarasi bor. Hindlarda ham ayol zotiga ehtirom zoʻr ekan, hatto sigʻinadigan xudolari orasida ham ayollar bor... Bizning Hirotu Samarqanddagi eng yaxshi me’morchilik an’analarimizni Hindistonning eng ezgu ajib an’analariga payvand etib, ayol zotini ulugʻlovchi bir madrasa qurish mening ham eng ezgu orzularimdandir!

Bobur mavlono Fazliddinning Xonzoda begimga boʻlgan yoshlik mehri zamona zayli bilan qanday qurbon boʻlganini esladi-yu:
— Mavlono, — dedi, — mening egachim Xonzoda begim... insoniylikda tengsizlar!.. Agar siz orzu qilgan... madrasani qurish bizga nasib boʻlsa... uni «Xonzoda begim madrasasi...» deb atasak arzir edi...

Mavlono Fazliddinning koʻzlarida yashin kabi bir olov chaqnadi:
— Hazratim, siz hozir mening koʻzimga muqaddas bir maqsadni koʻrsatdingiz! Agar bu maqsadni roʻyobga chiqarishga mening umrim yetmasa, uni farzandlarimizning diliga jo etib ketgaymen. Toki ular hind me’morlari bilan hamkorlikda xalqlarimizning ayol zotiga boʻlgan ehtiromini ulugʻ bir me’morchilik obidasida ifoda etsinlar!

Boburni ter bosdi. Uning harir oq koʻylagi qorayib tanasiga yopishib qolganini koʻrgan Tohir bezovtalanib oʻrnidan turdi:
— Mulla togʻa, hazratimni charchatib qoʻymaylik!.. Tabib «koʻp hayajonlanmasinlar!» deb tayinlagan edi...

Suhbatning tafti chindan ham baland boʻlayotganini endi sezgan mavlono Fazliddin oʻrnidan koʻtarildi:
— Hazratim, endi orom oling! Men keyin yana kelurmen!..

Bobur Mavlono Fazliddinga qarab:
— Yana bir oʻtinchim bor,— dedi.— Olamdan koʻz yumsam... Kobulda oʻzingiz tarhini chizgan bogʻ bor... Togʻ tepasida... Abadiy oromgohim... Oʻsha Guzargohda boʻlsin... Ortiqcha dab-dabasiz... shoirona bir tarh chizing...

Mavlono Fazliddin oʻpkasi toʻlib gapirolmadi. Tasdiq ma’nosida bosh irgʻadi-yu, koʻzidan oppoq soqoliga oqib tushgan yoshni artib eshikdan chiqdi.

Tohir Boburning terdan hoʻl boʻlgan ichki kiyimlarini almashtirdi. U oʻzini odatdagiday osuda tutib, kundalik xizmatlarini qunt bilan ado etar edi. Bobur chanqasa suv beradigan ham, nafasi qayta boshlasa yelpiydigan ham Tohir edi. U shu yerda boʻlsa, Bobur sokinroq yotishini mavlono Yusufiy ham bilar, shuning uchun Tohirni tunu kun bemorning oldidan ketkizmas edi.

Bugun kechasi Bobur ichkarida hadeb behalovat boʻlavergandan keyin Tohir savdarlarni chaqirib, uni toʻshagi bilan hovlidagi usti ochiq marmar supaga chiqartirdi.

Agraning kech kuzi xuddi Andijonning bahor payt-laridek salqin va mayin tuyular edi. Qop-qora osmonda yulduzlar charaqlab turibdi. Isitmasi baland Boburga yulduzlar yana girdobga tushib aylanayotganday va bir-birlariga urilib ketayotganday koʻrindi. Bobur koʻzini yumdi:
— Badanimda... qon uyushib qolayotganday... — dedi Tohirga.

Tohir uning yelkalarini, qoʻllarini, keyin oyoqlarini sekin-sekin uqalay boshladi. Bobur bundan sal yengil tortganday boʻldi-yu, koʻzini ochib yana osmonga qaradi.

Yulduzlar endi joy-joyida toʻxtab, sokin nur socha boshladi. Ana Oltin Qoziq. Uning gʻarb tomonidagi Yetti Ogʻayni yulduzlari ufqqa ogʻib tushib ketyapti. Sharqdan esa bir toʻp boʻlib Hulkar yulduzlar koʻtarilib kelyapti.
— Bizning Quvada ham Hulkar xuddi mana shunaqa boʻlib chiqar edi, — dedi Tohir.

Bobur ham bolaligi oʻtgan Andijon osmonini esladi. Mana shu Yetti Ogʻayni yulduzlari oʻsha yerda ham Oltin Qoziqni aylanib oʻtib, gʻarbga botib ketardi. Oʻsha yerda ham Yetti Ogʻayni ufqqa bosh qoʻygan sari Hulkar yulduzlari osmonning baland joylariga chiqib borardi. Bobur oʻsmirligida Hulkar yulduzlarini olmosdan yasalgan varrakka oʻxshatar edi. Dumini quvnoq silkitib uchadigan olmos varrak uning xayolini yana musaffo bolalik yillariga olib ketdi. Osmon dunyoning hamma joyida bir ekani, umrining boshlanishida Andijonda koʻrgan yulduzlari umrining oxirida Agrada ham chaqnab turgani unga soʻnggi bir tasallidek tuyuldi. Bobur osmonga qarab yotganda yana yosh, sogʻlom yigitga aylanib, Andijon chorbogʻining supasida yotganday boʻldi.

Bir lahzalik bu shirin his ketidan yana shafqatsiz bir qaltiroq bosib keldi-yu, yulduzli osmonni girdobiga olib, gir-gir aylantira boshladi...

Tun yarmidan oshganda Tohirning oʻkirib yigʻlagani qorongʻi bogʻni zir titratdi...

* * *

Mavlono Fazliddin Kobulda Boburga anvoyi rangli marmarlar bilan ziynatlangan serfayz bir maqbara qurishga ulgurdi, lekin Xonzoda begim nomiga madrasa qurish unga nasib boʻlmadi, uning bu orzusini oradan yuz yillar oʻtgandan soʻng Boburning chevarasi Shoh Jahon qurdirgan mashhur Toj Mahalda ulugʻ hind me’morlari roʻyobga chiqargan boʻlsalar ehtimol.

Tohir «Boburnoma»dan koʻchirilgan nusxalarni adibning Andijondagi, Toshkent va Samarqanddagi muxlislariga eltib topshirgach, oʻzi Robiya bilan birga Quvaga qaytdi. Ular umrlarining qolgan qismini tugʻilgan yurtlarida oʻtkazdilar. Biroq oʻgʻillari Safarbek mavlono Fazliddinning farzandlari bilan birga Agrada umrbod qoldilar va oʻsha yerda oila qurib, hind xalqiga qoʻshilib ketdilar.

Bobur tuzgan ulkan davlat oʻz qudrati va madaniy yodgorliklari bilan jahonga tanilib, uch asr umr koʻrdi-yu, tarixda qoldi. Uning oʻgʻil avlodlari bugungi kunga yetib kelolmadilar — eng oxirgi boburiylar oʻtgan asrlarda ingliz mustamlakachilari davrida mahv etildi.

Faqat Bobur oʻz qoʻli bilan yozgan asarlar haligacha tirik bir qalbning haroratiga toʻlib, odamlarga hamon ma’naviy oziq va zavq beryapti. Toʻgʻri, uning bir umri qorongʻi osmonda olovli iz qoldirib uchgan yulduzdek tez soʻndi. Lekin oʻlmas asarlari sahifasida salkam besh asrdan beri davom etib kelayotgan ikkinchi umri— bu yulduzning tundan tongga qarab uchganini va oʻz nurini kelajakka yoʻnaltirganini aytib turibdi. Bobur qalb oʻtiga yoʻgʻirib yaratgan madaniy meros bugungi sernur avlodlarni bahramand qilgani sari uning ana shu ikkinchi umri ham qorongʻi tunlardan keyingi yorugʻ kunlarda astoydil obod boʻlyapti.

1969-99
III- qism
 
Keyingi



  1. Xasba — ichterlama, tif.
  2. Munaqqidlik — tanqidchilik.
  3. Koʻhak — hozirgi Zarafshon.
  4. Tarjimasi: Ey dunyoning yosh otashparasti, menga mayim jomini bergilki, sunniy va shia nizolaridan qusgim kelmoqda. Desalar: Jomiy, sen qaysi mazhabdansen? Yuz shukrki, sunniyning iti-yu, shianing eshagi emasman!
  5. Imomiya — shia mazhabining rasmiy nomi.
  6. Puli Sangin — «Tosh koʻprik». Hozirgi Norak shahrining yaqinida boʻlgan.
  7. Dahana — daraning ogʻzi, kirib-chiqiladigan joyi.
  8. She’riy ta’rix — maxsus bir she’riy janr boʻlib, harflaridan abjad hisobi bilan ma’lum yil va oy kelib chiqadi.
  9. Bir dang — «oltidan bir» demakdir. Temuriylar tangasining vazni 4,6 gramm boʻlsa, Shayboniyxonning tangasi 5,2 gramm boʻlgan.
  10. Korgar — quruvchi ishchi
  11. Bu yozuv aslida Oʻrxun-Yenisey runik yozuvining Bobur davrida Sigʻnoqqa yetib kelgan bir turi boʻlishi kerak.
  12. Koʻli Malik — hozir qurib qolgan. Buxoro oblastining Xayrobod degan joyida.
  13. Ugʻrugʻ — oila a’zolari, koʻchlari.
  14. Guftigoʻ — gaplashish.
  15. Justijoʻ — qidirish.
  16. Shustishoʻ — yuvish, ya’ni may bilan dil gʻuborini yuvish.
  17. Sigʻnoq — Turkistondan shimolroqda Sirdaryo yaqinida joylashgan qadimiy shahar.
  18. Odinapur — Afgʻonistonning janubidagi shahar, hozirgi Jalolobod. Norinj— apelsin.
  19. Oldinroqqa ketib aytish mumkinki, Mohim begim Gulbadanni chindan ham Bobur nasri ruhida tarbiyaladi. Gulbadan begim voyaga yetganda «Boburnoma»ning eng yaxshi fazilatlaridan ibrat olib, oʻzining mashhur «Humoyunnoma» asarini yozdi. Oʻsha zamonlarda ayollarni kamsituvchi diniy aqidalarga qarshi borib yozilgan «Humoyunnoma» tariximizning nodir madaniy obidalaridan biriga aylandi.
  20. Ibrohim Lodi — afgʻon qabilalaridan chiqqan podsho.
  21. Qalamiy — amri farmon bilan soliq toʻlaydigan qalamrav yerlar. Sayfiy— hali boʻysunmagan, qilich kuchi bilan soliq toʻlaydigan yerlar.
  22. Band — suv omborining toʻgʻoni.
  23. Ta’nu ta’rif — ta’nasiyu maqtovi.
  24. Iskandar Lodi — Ibrohim Lodining otasi. 1517-yilda oʻlgan.
  25. Kshatriy — hindlardagi asosiy toʻrt tabaqaning biri, harbiylar.
  26. Tirkish — hoʻkizning xom terisidan eshilgan arqonsimon narsa.
  27. Barqzan — chaqmoq chaqib, miltiqning piltasini yondiradigan odam.
  28. Xatm qilish — tugatish.
  29. Muhandis — injener.
  30. Tobin — rezerv.
  31. Barahman — hindlarning ruhoniysi.
  32. Muqayyim — javohirshunos zargar.
  33. Koʻhinur — «nur togʻi» demakdir. Oʻsha zamonda bu olmos— odamzod topgan olmoslarning eng ulkani boʻlgan. Olimlar Koʻhinur olmosining 1304 yildan beri borligini aniqlaganlar. Hozir bu olmos Londonda saqlanadi.
  34. Pargana — kichikroq viloyat.
  35. Ashora — javzo oyiga toʻgʻri keladi. Hindistonda yoz fasli bahorda hut oyidan boshlanib, toʻrt oy davom etadi. Keyin «Pashkol» deb ataladigan yomgʻirlar fasli boshlanib, bu fasl mezon oyigacha davom etadi.
  36. Bodi samum — eng issiq garmsel shamol.
  37. Voyin — katta hovuz.
  38. Ya’ni Sharafiddin Ali Yazdiy.
  39. Bir paxra — toʻrt soat.
  40. Limu — limon.
  41. Qurur — yuz lak, ya’ni oʻn million.
  42. Arb — milliard.
  43. Nil — trillion.
  44. Padam — kvardillion.
  45. Aslida odam odamdan kam emas, chunki hamma ham Odam Ato farzandidir.
  46. Qadagʻa — chaqiriq xat.
  47. Yaxshilik va salomatlik bilan Sind daryosidan oʻtib olganimdan keyin agar yana Hindni havas qilsam yuzim qaro boʻlsin.
  48. Anba — ananasning bir turi.
  49. Qayla — banan.
  50. Tanbul bargi — apelsin bargiga oʻxshab ketadi. Fufal yongʻogʻi bilan birga ogʻizga solib chaynalsa kayf beradi, tishni mustahkamlaydi.
  51. Vajhi tasmiyasi — shunday deb atalish sababi, etimologiyasi.
  52. Buq’ai xayr — xayr-ehson uyi.
  53. TaxmasiI — Shoh Ismoilning oʻgʻli. 1524-yilda Shoh Ismoil vafot etgach, Taxmasi uning oʻrniga shoh boʻladi.
  54. Tamgʻa — qoʻshimcha daromad soligʻi.
  55. Bani bashar — odam farzandi.
  56. Tolor — shiypon.
  57. «Habib us-siyar» — «Sevimli doʻstning tarjimai holi» demakdir. Xondamir oʻzining bu katta asarida Arab, Eron, Oʻrta Osiyo, Xuroson tarixining olam paydo boʻlganidan to XVI asrgacha oʻtgan eng muhim davrlari haqida soʻz yuritadi.
  58. Mugʻlaq — tushunib boʻlmaydigan.
  59. Borlar — «ba’zi paytlar» ma’nosida.
  60. Botil — qalbaki yoʻldan borish, adashish.