OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifPiter Lavsi
Asar nomi«Sharleman»dagi qotillik (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Britaniya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Piter Lavsi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov (rus tilidan)
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Sharleman»dagi qotillik (hikoya)
Piter Lavsi

Odatda, janob Frensis Batteriga tegishli kitob doʻkonining ichkari xonasida qimmatbaho kitob sotib olgan doimiy mijozlar gilosdan tayyorlangan brendi bilan mehmon qilinardi.

Javonda turgan haykalchani tomosha qilayotgan Ebernon xonim haykalcha ostidagi yozuvni oʻqigach, soʻradi:

-Uilyam Korder kim?

-Oʻtmishdagi mashhur qotil.

-Qanday dahshat! Nahotki jinoyatchining sopol haykalchasini sotib oladigan odam boʻlsa!

-Oq loy,-dedi janob Batteri.-Staffordshir. Men buni doʻkonning oldingi egasidan olganman.

-Qoʻpol ish.-Ebernon xonimga jinoyatchining boʻyalgan haykalchasi yoqmadi.-Buni Drezdenning choʻponlar haykalchalari bilan solishtirib boʻlarmidi? Yonoqlaridagi qoʻpollik bilan surtilgan boʻyoqlarni qarang! Uning kim ekanligini nima uchun yozishgani tushunarli: u shahzoda ham, oddiy dehqon ham boʻlishi mumkin edi.

-Staffordshir haykalchalari asliga oʻxshashligi uchun qadrlanmaydi.-Janob Batteri ovozini balandlatdi.-Ular beoʻxshov boʻladi, ammo ishonamanki, ular jozibali haykalchalar.

-Azizim,-tabassum qildi Ebernon xonim,-bu oddiy havaskorning ishi.

Eh bu qirq yoshli ayollar! Batteri oʻttiz toʻrtga kirgan, boʻydoq, jiddiy erkak edi. Toʻgʻri, u ayollar bilan munosabat haqida juda koʻp narsani bilardi-doʻkon orqasidagi xonada bu mavzuga bagʻishlangan son-sanoqsiz kitoblar bor edi, ammo janob Batteri bu kitoblarda yozilgan narsalarni amalda qoʻllab koʻrmagandi. Ehtimol, hali hammasi oldindadir.

-Staffordshir haykalchalari,-gapida turib oldi u,-bizga ajdodlarimiz nimalar bilan shugʻullanishganini eslatib turadi.

-Qotillik bilan.-Ebernon xonimning kulgisi jarangladi.-Xoʻsh, janob Korder sizning javoningizdan joy olish uchun qanday karomat koʻrsatgan?

-O, u yaramas odam boʻlgan. Bu voqea 1827 yilda Saffolk grafligidagi qishloqda yuz bergan. U yigirma bir yoshida Mariya ismli bir qizning boshini aylantiradi. Keyin uni qishloq chetidagi omborda oʻldiradi. Korder ikki kundan keyin qishloqdagilarga Mariya Ipsvichda yashayotganligini aytadi. Keyin esa oʻzi ham oʻsha yoqqa ketadi.

-Uning gaplariga ishonishadimi?

-Qizning onasidan boshqa hamma. Onasi tushida qizining oʻldirilgani va omborxonaga koʻmib qoʻyilganini koʻrganini aytadi. Rostdan ham qizning jasadini omborxonadan topishadi. Korder hibsga olinadi va osib oʻldiriladi.

-U necha pul turadi?

-Korderning haykalchasimi? Bilmadim. Bir necha funt tursa kerak.

Ertasiga Ebernon xonim yana janob Batterining doʻkoniga keldi.

-Siz menga minnatdorchilik bildirishingiz mumkin,-dedi u.-Soʻrab-surishtirdim: staffordshir haykalchalari kollektsionerlar toʻplaydigan haykalchalar sirasiga kirarkan.

-Buni bilardim.

-Lekin siz aynan jinoyatchilarning haykalchalari zoʻr sotilishini bilmasdingiz. Korder noyob haykalcha ekan! Dunyo boʻyicha bu haykalcha bor-yoʻgʻi bir necha nusxada ekan.

-Bunga ishonchingiz komilmi, Ebernon xonim?

-Dugonam menga kitoblarni koʻrsatdi. Mamlakatimizda faqat Viktoriya va Albert muzeyi bilan Steplford-parkdagi Milliy fonddagina staffordshir haykalchalari kollektsiyasi bor ekan. Lekin ularning ikkalasida ham Korder yoʻq ekan.

Batteri yuzlari qiziyotganini his qildi.

-Demak, mening haykalcham qimmatbaho ekan-da?

-Dugonamning aytishicha, Londondagi eng katta kimoshdi savdosida bu haykalcha kamida ming funtga sotilishi mumkin ekan.

-Yo Xudo!

Ebernon xonimning yuzlari yashnab ketdi.

-Hozirgi davr uchun ming funt unchalik katta pul emas, lekin yoʻqdan koʻra yaxshi, shunday emasmi?-U bu gapni xuddi Batteri ayolning puldor qoʻshnisidek aytdi.-Haykalchani kimoshdi savdosiga olib boring.

-Bu ma’lumotingiz uchun sizdan qarzdorman.

Ebernon xonim sirli jilmaydi:

-Oʻzingizni qarzdordek his qilmasangiz ham boʻladi. Siz meni doim iltifot bilan kutib olasiz, mehribonsiz, sizdan hatto buni biror italyan restoranida yuvishni talab qilishga ham xijolat boʻlaman.

-Yaxshi fikr!-xitob qildi Batteri.-Agar eringiz qarshilik qilmasa...

Ayol engashib, uning quloqlariga ohista shivirladi:

-Unga aytmayman, azizim Batteri.

Batteri ayolning bunchalar yaqinlashganidan kalovlanib, oʻtirgan stuliga qapishib qoldi.

-Agar bizni koʻrib qolishsa nima boʻladi? Meni Xaystritda koʻpchilik taniydi.

-Haqsiz,-dedi Ebernon xonim.-Sherridan koʻproq ichib qoʻyibman shekilli. Unuting...

-Aksincha,-dedi Batteri.-Agar ming funtga boyisam, sizga minnatdorchilik bildirishning yoʻlini topaman.

U chorshanba kuni yordamchisi Jeymsga doʻkonga qarab turishni tayinladi, oʻzi esa ertalab turib Korder haykalchasini poyabzal qutisiga joyladi va Londonga yoʻl oldi...

Batteri quti ichidan haykalchani olganida hayajonlanganidan mutaxassisning nafasi chiqmay qoldi. Bu u koʻrgan ilk Uilyam Korder haykalchasi edi. U Batteriga bir necha turdagi staffordshir haykalchalari borligini, Korder haykalchalari esa dunyo boʻyicha bor-yoʻgʻi uch-toʻrt dona ekanligini aytdi.

Buni eshitib Batterining tomogʻi qurib qoldi.

-Necha pul taklif qilasiz?

-Bugun buni sakkiz yuz funtga sotishim mumkin, ammo kimoshdi savdosida qimmatroqqa sotsa boʻladi.

-Minggami?

-Savdo yurishsa, bundan ham qimmatroqqa.

-Keyingi kimoshdi savdosi qachon boʻladi?

Mutaxassis unga savdo jarayoni haqida batafsil ma’lumot berdi. Bir necha oy kutishi kerakligini anglagan Batterining peshonasi tirishdi va savdoni tezlashtirishni soʻradi. Mutaxassis istamaygina kimgadir qoʻngʻiroq qildi va yanagi oyga, ya’ni besh haftadan keyin Korder kimoshdi savdosiga qoʻyilishini ma’lum qildi…

Ikki kundan soʻng Ebernon xonim yana doʻkonda paydo boʻldi va yangilikni eshitdi.

-Xursandman.

-Men esa sizdan minnatdorman!-Va Batteri Londondan qaytayotib tayyorlab qoʻygan taklifini aytdi:-Kelasi chorshanba kuni sizni men bilan birga tushlik qilishga taklif etaman.

Ebernon xonim qoshlarini chimirdi.

-Lekin menimcha bunday fikrni inkor qilgandik shekilli.

-Biz Epsonda, hech kim tanimaydigan joyda uchrashishimiz mumkin.

Ayol oppoq tishlarini koʻrsatib kuldi:

-Ajoyib! Kimoshdi savdosini kutamiz. Savdo qachon boʻladi dedingiz?

-Oʻn beshinchi mayda. Juma kuni.

-Oʻn beshinchida? Eh, afsus! Oʻn oltinchi kuni men Frantsiyaga ketayotuvdim.

-U yerda qancha boʻlasiz?-Batteri umidsizligini yashirolmadi.

-Bir oycha.

-Eringiz siz bilan boradimi?

-Biz doim alohida-alohida dam olamiz... Siz-chi, sayohat qilishni yoqtirasizmi, janob Batteri?-U sherridan hoʻpladi va ishva bilan qaradi.-Men tarixiy joylarga borishni yoqtiraman va bir necha kun Orleanda boʻlgach, keyin Luar boʻylab harakatlanaman.

-Men ham shunday qilaman. Frantsiyada uchrashish va gʻalabamizni oʻsha yerda nishonlashni tasavvur qilyapsizmi?

Ayol xuddi ovozsiz kino yulduzidek hayratini ifodaladi:

-Ammo doʻkoningiz-chi?..

-Jeyms qarab turadi. Keling, hoziroq uchrashuv belgilaymiz. Oʻn sakkizinchi may kuni tush paytida Orleandagi cherkov oldida uchrashamiz.

-Nimaga oʻn sakkizinchi may kuni?

-Uilyam Korder sharafiga qadah koʻtarish uchun. U qizni oʻsha kuni oʻldirgan.

Ebernon xonim jilmaydi.

-Siz va sizning qotilingiz!-U bir oz oʻylangach, javob qildi.-Yaxshi. Oʻn sakkizinchi mayda. Agarda haykalchangiz sotilsa.

-Savdo qanday boʻlishidan qat’i nazar, men oʻsha yerda boʻlaman,-va’da berdi Batteri.

Ayol uning lablaridan yengil boʻsa oldi.

Ebernon xonim ketgach, Batteri fiziologiya va anatomiya boʻyicha kitoblar turadigan javon oldiga bordi va oʻziga kerakli kitoblarni oldi. U oʻn sakkizinchi may kuni oʻzining tajribasizligini namoyish etmoqchi emasdi...

Haftalar Batteri uchun chidab boʻlmas darajada sekin oʻtardi. U allaqachon paromga chipta va sayyohlik cheklariga buyurtma berib qoʻygandi. Bir necha yildan buyon birinchi marta bir nechta yangi koʻylak, boʻyinbogʻ, koʻk nimcha va bir juft oppoq shim sotib oldi.

Oʻn beshinchi may kuni Batteri unga sirli visol oqshomini taqdim etuvchi kimoshdi savdosiga yetib keldi. U bunday imkoniyat haqida bir umr orzu qilgan, ammo topish-tutishi bunga yoʻl qoʻymasdi. Ayol oʻta boy va aslzoda xonim boʻlib, uni eng qimmat vino va taomlar bilan mehmon qilish lozim edi.

-Xoʻsh, ikki yuz sakson yettinchi buyum… Mashhur jinoyatchi Uilyam Korderning staffordshir haykalchasi...

Hayajondan Batterining miyasiga gupillab qon urildi. U koʻzlarini yumib oldi.

-Ming funt!

Janob Batteri tasavvur qildi: mehmonxona yotogʻi, qoʻlida shampanli qadah tutib turgan Ebernon xonim...

-Bir ming ikki yuz ellik. Kim oshadi? «Xadson va Blek» kompaniyasiga sotildi.

Uch kundan soʻng koʻk nimcha va oppoq shim kiyib olgan Batteri kelishilgan joyda turardi. Pushtirang koʻylak va somon shlyapali Ebernon xonim yigirma daqiqadan keyin keldi. Batteri unga saharlab sotib olgan gulini uzatdi.

-Ajoyib!-dedi ayol.-Azizim, siz beqiyossiz!

-Men «Otel de Vill»da stolga buyurtma berib qoʻydim. Sizdan minnatdorman. Korder sotildi.

Tushlik uzoqqa choʻzildi. U shampan buyurdi, taomlar ham tansiq edi.

Uch soatlardan keyin ular shirakayf holda koʻchaga chiqishdi. Batteri sohil boʻylab sayr qilishni taklif etdi. Ular yoʻlda choy saloniga kirishib, limonli choy ichishdi. Asta-sekin quyosh bota boshladi.

-Ajoyib kun boʻldi,-dedi Ebernon xonim.

-Hali tugagani yoʻq. Sizni kechki ovqatga taklif qilaman.

-Buncha ovqatdan keyin yana ovqat yeyolmayman!

-Unda kechqurun ovqatlanamiz.

Ayol bosh chayqadi:

-Men erta yotishga odatlanganman.

-Yaxshi fikr,-iljaydi Batteri.

U taksiga chiqishni taklif qildi va ayolning qaysi mehmonxonaga joylashganini soʻradi.

-Men cherkov oldiga boraman, u yogʻiga piyoda yetib olaman. Oʻzingiz ham tezda birorta mehmonxonaga joylashing.

Batteri asabiy kuldi: aftidan, ayol osonlikcha qoʻlga kiritiladigan oʻljaga oʻxshamaydi.

-Men oʻylovdimki…-U vaziyatni qoʻldan boy berganini his qildi. Qat’iyatliroq boʻlish kerak edi. Bu ayolga u nimani xohlayotganini biladigan va tashabbusni oʻz qoʻliga oladigan erkak kerak.

Ayol mashinaga oʻtirarkan, shirin tabassum qildi:

-Ertaga tush payti cherkov oldida kutaman. Xayrli tun.

Batteri taksi eshigini yopdi va horgʻin qadam tashladi. Ertaga qat’iyroq harakat qilish kerak. Umuman olganda, bir tun ming tunmas.

Ertasiga esa Batteri uchrashuvga belgilanganidan besh daqiqa kech keldi. Ayol uni kutib turardi. U ayolni quchoqlab, lablaridan oʻpib qoʻydi.

-Bugun yanada ajoyib joyga boramiz.-U ayolning qoʻlidan mahkam ushlab oldi.

Bu jazoirliklar restorani edi.

Soat uchlarda Ebernon xonim bezovtalana boshladi:

-Hammasi ajoyib, ammo ketishim kerak. Mehmonxonaga qaytishim shart, sochlarimni yuvishim kerak. Soat beshga esa massaj va pedikyur belgilangan.

-Bunga qancha vaqt ketadi?

-Buning ahamiyati yoʻq. Ta’tilning bor zavqi shunda emasmi?

Batteri e’tiroz bildirishi mumkin edi, ammo butunlay gangib qolgandi.

-Ertaga kechki payt uchrashishimiz mumkin,-dedi Ebernon xonim.

-Buni rostdan ham istaysizmi?-Batteri tushkunligini yashirolmadi.

-Azizim, bundan boshqa narsani oʻylamayman.

Muammoning yechimi yoʻqdek edi. Ebernon xonimga ovqatlanishgina yoqardi, xolos. U Batterini har kuni turli bahonalar bilan tashlab ketardi: goh sartarosh, goh tish ogʻrigʻi, goh noqulay poyabzal. Ayol uning tungi uchrashuvga oid barcha takliflarini rad etardi.

Batterining cheklari dahshatli tezlikda tugab borardi. U temir yoʻl stantsiyasi yonidagi kamtarona mehmonxonadan joy olgan, ammo oqshomlarni yolgʻiz oʻtkazgani uchun barda koʻp ichib qoʻyardi. Nihoyat, tugayotgan pullar va soʻnayotgan umidlar uni reja tuzishga majbur qildi.

Juma kuni ular Orleanning eng yaxshi baliq restoranida oʻtirishardi. Ebernon xonim navbatdagi bahonasini aytishga ulgurmasdan Batteri tezda gapirib oldi:

-Sizni mehmonxonangizga kuzatib qoʻyaman.

Ayol taajjublangancha koʻzlarini pirpiratdi.

-Men ertaga ketaman, narsalarimni yigʻishtirishim kerak,-gapida davom etdi u va ofitsiantga imo qildi.

-Qaerga ketyapsiz?

-Hozircha aniqmas. Meni Orleanda hech narsa ushlab turgani yoʻq.

-Men ham Turga ketmoqchi boʻlib turuvdim. Aytishlaricha, u yerda zoʻr ovqatlar qilisharkan. Borasizmi?

-Oʻylab koʻraman.

Koʻchada Batteri taksi toʻxtatdi va Ebernon xonimga eshikni ochdi.

-«Sharleman» mehmonxonasiga,-dedi u haydovchiga ayolning taajjub bilan qaraganini sezarkan. U ayol turgan mehmonxonaning nomini topishga qiynalmadi. Massaj va goʻzallik saloni xizmatlarini taklif etadigan mehmonxonalar koʻp emas.

Batteri qizil atirgullar guldastasini sotib oldi va mehmonxonasiga qaytdi. Soat yettilarda «Sharleman» mehmonxonasiga qoʻngʻiroq qildi va Ebernon xonim bilan bogʻlashlarini soʻradi. Ayol goʻshakni olganida u frantsuzcha talaffuz bilan xitob qildi:

-Ie, inglizmisiz? Bu nechanchi xona oʻzi? Kechirasiz, xonim, adashibman.

Ikki soatdan soʻng u «Sharleman» mehmonxonasiga yetib keldi va liftda oltinchi qavatga koʻtarildi. Yoʻlak boʻm-boʻsh edi. U 657-xonani topdi va yuzini guldasta bilan toʻsgancha eshikni taqillatdi.

Bir ozdan soʻng eshik qiya ochildi. Batteri eshikni itarib ichkariga kirdi. Oq xalat kiygan, boshiga sochiq oʻragan va yuziga niqob chaplagan Ebernon xonim hayrat bilan guldastani qoʻliga oldi.

-Janob Batteri! Men yotmoqchi boʻlib turuvdim.

-Juda yaxshi.-U eshikni yopdi.

-Zudlik bilan xonamdan chiqib keting!

Batteri kuldi.

-Yuzingizdagi kremga qarshi emasman. Bu menga xalaqit qilmaydi.-U ayolning boshidagi sochiqni yulqib oldi.

Ebernon xonim uning yuziga guldasta bilan urdi.

-Yoʻqoling!

-Bu gapni shunchaki aytyapsiz-a, azizam? Aslida esa qolishimni istayapsiz. Vaqtimizni juda yaxshi oʻtkazdik. Qimmat taomlar... Sizga pullarimni sarfladim.

-Men sotilmayman.

-Gap bundamas. Siz menga yoqasiz va men ham sizga yoqaman deb oʻylovdim.

-Men oilali ayolman.-Ayol ortiga tisarildi.-Men bu narsani istamayman. Men shunchaki kimdir men bilan kunni ajoyib oʻtkazishini xohlagandim, xolos.-Va shu yerda u mash’um xatoga yoʻl qoʻydi.-Siz xavfsiz boʻlganingiz uchun men aynan sizni tanlagandim. Har qanday ayol siz bilan boʻlish xavfsiz ekanligini aytishi mumkin.

-Xavfsiz?..-Batterining yuzi bujmayib ketdi.-Xavfsiz?!-Uning miyasi loʻqillay boshladi: bu ayol uning orzusini oʻldirgandi. Endi u hech qachon birorta ayolga yaqinlasha olmaydi! U bu ayolni mana shuning uchun yomon koʻrib ketdi. Xuddi Korderning haykalchasi uchun olgan pullariga yeb-ichgani uchun yomon koʻrgani kabi.

U indamay ayolning tomogʻiga chang soldi.

«Sharleman»dagi qotillik haqida barcha frantsuz gazetalari bong urdi. Politsiya marhuma bilan birga Orleanning bir nechta restoranlarida boʻlgan erkakni qidira boshladi. Erkakning tashqi koʻrinishi ham tasvirlangandi: ingliz millatiga mansub, yoshi oʻtgan, sochlari oqargan, boʻyi besh fut sakkiz dyuym, koʻk nimcha va oq shim kiygan.

Batteri bu tasvirlash unchalik toʻgʻri emasligini bilardi. Uning boʻyi besh fut toʻqqiz dyuym, oq sochlari deyarli yoʻq, yoshi ham endi oʻttiz toʻrtda edi. Nimcha va shimini u Luarga uloqtirdi.

U ingliz tuprogʻiga qadam qoʻyganida oʻzini yengil his qildi. Biroq bu uzoq choʻzilmadi: bojxona ofitseri uni soʻroqqa tutdi.

-Frantsiyaning qaerida boʻldingiz?

-Luar vodiysi boʻylab sayohat qildim. Anje, Tur, Puate.

-Orleanda-chi?

-Yoʻq, menga u yerda tomosha qiladigan joylar unchalik koʻp emasligini aytishgandi.

-Yaqinda yuz bergan qotillik haqida eshitdingizmi?

-Sal-pal. Frantsuzchani unchalik yaxshi bilmayman.

-Bir ingliz ayoli mehmonxonada boʻgʻib oʻldirilgan. U aynan sizning shahringizdan boʻlgan.

Batteri oʻzini hayron boʻlganga soldi:

-Yoʻgʻ-e? Ismi nima ekan?

-Mildred Ebernon. Sayohatingiz davomida uni uchratmadingizmi?

-Ebernon. Hech qachon eshitmagan ekanman.

-U holda sizni boshqa tutib turmaymiz. Sogʻ boʻling.

Poezdda uyiga qaytarkan, Batteri voqeaga politsiya nuqtai nazaridan qarashga urindi. Frantsiyada uni qotillik bilan bogʻlaydigan hech qanday iz yoʻq edi. Ular faqat tushlik payti uchrashishgan va har safar turli restoranlarda. Mehmonxonada qoldirgan barcha barmoq izlarini artib tashlagan. Ebernon xonim bilan bitta shahardan ekanligi esa uni ayblaydigan dalil boʻlolmaydi. Faqat xotirjamlikni saqlasa boʻldi.

Uni perronda politsiyachi toʻxtatganda eti bir jimirladi.

-Tekshiruv, ser. Taksiga pul sarflab yurmasligingiz uchun sizni uyingizga oʻzimiz olib borib qoʻyamiz. Duvrda siz Ebernon xonimni tanimasligingizni aytgansiz. Bu ayolni hech qachon koʻrmaganmisiz?

Batteri noxushlik yuz berishini his qildi.

-Ehtimol koʻrgandirman, lekin ismini bilmasligim mumkin-doʻkonga har kuni qancha odam kelib-ketadi.

-Biz uning uyidan juda koʻp kitob topdik va eri bu kitoblarni u sizning doʻkoningizdan olganini aytdi. Doʻkoningizdagi savdolarni qayd qilib borasizmi?

-Agar chek bilan pul toʻlashsa.

-Qayd daftaringizni koʻrsak boʻladimi?

Doʻkon yopiladigan vaqt boʻlsa-da, Jeyms hali ham shu yerda edi. Batteri u bilan bosh irgʻab salomlashdi va politsiyachi bilan orqadagi xonaga qadam tashladi.

-Ta’til yaxshi oʻtdimi, janob Batteri?-qichqirdi Jeyms.-Stolingizda pochta turibdi.

Batteri javondan qayd daftarini oldi va politsiyachiga uzatdi. Ammo u daftarni olmadi. Uning nigohi janob Batterining stoli ustidagi poyabzal qutisidek joʻnatmada edi.

-Sizga kimdir sovgʻa joʻnatganga oʻxshaydi, janob Batteri.

Batteri quti ichiga qaradi va Korder haykalchasini koʻrib ajablandi. Quti ichida Korderni kimoshdi savdosida sotib olgan «Xadson va Blek» kompaniyasidan kelgan xat bor edi. Xatda ularning mijozi Korder haykalchasi kimoshdi savdosidan soʻng tashrif varaqasi bilan birga haykalcha egasiga sovgʻa tariqasida joʻnatilishini soʻragani yozilgandi.

Politsiyachi qutidan tashrif varaqasini oldi va undagi yozuvni oʻqigach, Batteriga uzatdi.

«Siz judayam olijanobsiz. «Mehribonchiliklarimning qadriga yetmayapti» deb oʻylamang. Xavotirga oʻrin yoʻq, yaxshiliklaringizni qaytarishga qurbim yetadi. Mildred Ebernon».

Maktub oxirida esa quyidagi soʻngsoʻz bor edi: «Qotilingizni oʻzingizga qaytardim».