OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Pramudya Ananta Tur. Inem (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifPramudya Ananta Tur
Asar nomiInem (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Indonez adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Pramudya Ananta Tur
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHulkar Fayz
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Inem (hikoya)
Pramudya Ananta Tur

Inem!

Bolalikdagi doʻstim — qoʻshni qizchani shunday atashardi. Oʻshanda — uning yoshi sakkizga toʻlgandi. Inem mendan ikki yosh katta edi.

Inemga duch kelgan odamlar muloyim jilmayib qoʻyishardi. Uning goʻdak chehrasi shunaqa ham tiniq, biram yoqimli ediki! Kuyovlar oʻsib kelayotgan koʻpgina oilalarda: «Qani endi Inemga oʻxshagan qizni kelin qilib olsak...», deb oʻylashardi.

Shahrimiz ayollari sholi paykallarida ishlaridan boʻshagan kunlari, bunday damlar uncha koʻp boʻlmasdi, udeng1 va sarung2 larni bezash bilan band boʻlardilar. Oq gazlama va mumni Ichjo doʻkondordan olishardi. Inemning onasi udenglarni kashtalab berardi. Har ikkita udeng uchun unga bir yarim tsent toʻlashardi. Bir kunda u sakkiz-oʻn udeng tayyorlab berishga muvaffaq boʻlardi.

Inemning otasi haqida yomon gaplar yurardi. Onamning aytishiga qaraganda, u bir vaqtlar oʻrmon yoʻllarida qaroqchilik qilar, odamlarni talar ekan. Uning hozir ham qandaydir qingʻir ishlar bilan shugʻullanib yurganini hamma bilardi. Lekin aniq dalillar boʻlmagani uchun uni «chaqib» berishga hech kim botinolmasdi. Buning ustiga, uning qarindoshlaridan ayrimlari politsiyada xizmat qilishardi, ulardan bittasi hatto birinchi darajali vakil unvonida edi.

Ha, Inemning otasi ham yaqin paytlargacha politsiya xizmatida boʻlgandi; uni poraxoʻrligi uchun ishdan haydashgandi.

Bir siymoda ham qaroqchi, ham politsiyachi! Buni men sira ham tushuna olmasdim. Bu odamning yordamida yoʻltoʻsarlarni qoʻlga tushirish uchun uni politsiya xizmatiga olishgan, deb tushuntirdi onam menga.

Inemning otasi xoʻroz urishtirish ishqibozi edi. Koʻpincha yutqazib qoʻyardi: uning xoʻrozi boshqalar qoʻliga oʻtar; buning ustiga yana uch talendan3 ringgit4 gacha toʻlashga majbur boʻlardi. Xoʻroz urishtirishlar boʻlmaganda esa Inemning otasi qarta oʻyiniga oʻtirardi. Bunda ham uning omadi chopmasdi... U tez-tez qaerlardadir haftalab yoʻqolib ketardi, ba’zan oylab qorasini koʻrsatmasdi. Lekin hamisha pul bilan qaytib kelardi.

Ota-onam anchadan beri Inemni otaliqqa olishgandi. U uyda onamga qarashar, meni va ukamni oʻynatardi.

Bir kuni oshxonada Inem suv solingan qozonchani oʻchoqqa qoʻyarkan:
— Shirintoy, Muk, — dedi menga, — men kelinman!..
— Kelin? — hayron boʻldim men.
— Ha!.. Hademay toʻyim boʻladi.
— Kelin boʻlish yaxshimi?
— Boʻlmasam-chi! Menga chiroyli-chiroyli kabayya5 va kayn6 olib berishadi. Toʻy kiyimlarini aytmaysanmi! Meni gullar bilan yasantirishadi... Koʻzlarimga surmalar surishadi... Sochimni chiroyli qilib turmaklashadi! Biram xursandman! Biram shodmanki!

Inem rost gapirgandi.
— Begoyim, — dedi bir kuni Inemning onasi mening onam huzuriga kelib, — toʻy vaqti kelyapti. Qizginamni uzatish kerak.
— Nima? Uzatish kerak?
— Ha, begoyim. U allaqachon sakkiz yoshni urib qoʻydi!

Onam kuldilar:
— Sakkiz yosh! Axir u hali goʻdak-ku!
— Bizlar priyai emasmiz, begoyim. Oʻsha oqsuyak — priyailarning qizlari ancha vaqtlargacha erga tegmasliklari mumkin. Bizlarda bu mumkin emas. Toʻyni bultur oʻtkazishimiz kerak edi. Asixning qizi erga tekkaniga ancha boʻldi. Inem undan ikki yosh katta. Xudoga shukr, uni xotinlikka oladigan odam topildi. Inemni uzatsam, yashashimiz ancha yengillashadi. Kuyovning otasi badavlat odam, Markabonning oʻzi ham mol sota boshladi. Yolgʻiz merosxoʻr!..
— Voy, egachijon, — yana gap boshladi onam, — axir, u endigina sakkiz yoshga kirdi-ku!..

Mehmon qoshlarini chimirdi:
— Men ham, onam ham erga sakkiz yoshda tekkanmiz...
— Qiz bolani juda yosh uzatish — yaxshimas! Bolalar oʻsmay qoladi, kasalga chalinadi...
— Oʻzingiz yaxshi bilasiz, begoyim. Lekin bizning oilamizda xudoga shukur, kasallar yoʻq, uzoq umr koʻrishadi. Mening onam hademay oltmishga toʻladi, tuppa-tuzuk yuribdi. Ana buvimizni qarang, tomorqada qanday ishlayapti! Holbuki, yetmishdan oshib ketgan!

Ammo onam oʻz fikrida turib oldi:
— Baribir, kuyov ham hali bola...
— Markabod oʻn yettiga toʻldi, begoyim.
— Oʻn yetti yosh? Mukning otasi oʻttiz yoshida uylangandi!

Inemning onasi indamadi: aftidan, bu soʻzlar uni sira ham ishontirmagandi.
— Agar shunday qarorga kelgan ekansizlar, — dedi onam, — unga baxt tilashdan boshqa hech narsa deya olmayman...
— Shoʻrlik, bechora qiz!.. — dedi onam oʻyga tolib. — Ammo ular judayam muhtoj! Juda qashshoq! Bu ularning soʻnggi umidi...

Ikki haftadan keyin Inemning onasi qizini olib ketgani keldi. Inem xursandligidan, quvonchini yashira olmasdi. Bechora! Bizning uyimizdan butunlay ketayotganini xayoliga ham keltirmasdi.

Nihoyat, tantanali kun yetib keldi.

Toʻyni tomosha qilish uchun gurullab yugurgan bolalar toʻdasida men ham bor edim. Inemni tanib boʻlmasdi. Sochlari bejirim turmaklangan, qoshlari va gajaklari yaxshilab surmalangan. Kokilini moʻ’jazgina, chiroyli qogʻozgul bezab turardi. Yaltiroq bezaklar, ipak nimcha, qimmatbaho koʻylagini aytmaysizmi!.. Toʻgʻri, bularning hammasi vaqtinchalikka badavlat xitoydan olingan edi...

Uy va hovlini kokos xurmosining barra barglari va baringin1 ning uzun shoxlari bilan bezatilgan edi.

Biz tomonlarda toʻy, odatda, hosil yigʻilgach, guruch arzonlashgan paytda, tagʻin qoʻgʻirchoq teatri ishtirokida oʻtkaziladi. Qoʻgʻirchoq teatri ishtirokisiz tomosha koʻngilxushlik boʻlibdimi? Inemning ota-onasi toʻyda vayyang2 qatnashishi uchun qoʻllaridan keladigan hamma narsani qilishdi. Lekin, afsuski, ular buning uddasidan chiqisha olmadi. Nihoyat ular toʻyga raqqosalar va gamelan3 ni taklif etishga ahd qilishdi.

Musiqa ovozi ikki kechayu-ikki kunduz tinmadi. Biz, bolalar, kattalarning raqs tushishini miriqib tomosha qildik. Ular davrada aylanishar, qadah urishtirishar, oʻpishishar va mast holda:
— Ura! — deb qichqirishardi.

Barcha, ayniqsa ayollar toʻy marosimini alohida e’tibor bilan kuzatardilar.

Urf-odat taqozo etganidek, Inem kuyovning oldiga borib, oyoqlari uchida choʻkkaladi, kaftini kaftiga qoʻyib, ularni yuziga shunday yaqin olib keldiki, katta barmoqlarining tirnoqlari burniga tegdi. Keyin mis jomda iforli suv keltirishdi. Markabon uy ostonasini hatlab oʻtishdan oldin Inem oʻsha suv bilan uning oyoqlarini yuvdi. Kelin-kuyovning qarindoshlari yoshlarni oʻrab olishdi, ularning qoʻllarini birlashtirishdi va goʻshangaga olib kirishdi.

Shunda hamma baravariga qiyqirib olqishlay boshlashdi:
— Bitta edi — ikkita boʻldi!
— Bitta edi — ikkita boʻldi!
— Bitta edi — ikkita boʻldi!

Shu payt Inemga koʻzim tushib qoldi: u yigʻlardi. Koʻz yoshlari upa-elik va surmani yuvib, uning goʻdak chehrasida qora iz qoldirardi.

Men uyga yugurib keldim-da, onamdan soʻradim:
— Oyi, Inem nega yigʻlayapti?
— Kelinlar allaqachon dunyodan oʻtib ketgan katta bobolari va buvilarini eslab yigʻlaydilar, bolajonim.

Ertasi kuni Inem nega yigʻlaganining haqiqiy sababini bilib oldim, u kichik ehtiyoj bilan hojatxonaga borgisi kelgan-u, soʻrashdan qoʻrqib yigʻlagan ekan.

Toʻy oʻtdi, shovqin-suron tindi, mehmonlar tarqalishdi. Goʻyo hech narsa boʻlmaganday. Qarz berganlarning dastlabkisi koʻrinishi bilan Inemning otasi shahardan gʻoyib boʻldi. Lekin olingan qarzlarni toʻlash kerak edi. Inemning onasi udenglarga bezak berishga kirishdi. Kunlar tunga, tunlar kunga ulandi...

Bir kuni ertalab Markabonning katta uyidan qalblarni larzaga soluvchi chinqiriq eshitildi:
— Qoʻyib yubor! Qoʻyib yubor deyapman!..
— Oyi, eshityapsizmi? Inem baqirayapti! Oyi!.. — deya chaqirdim onamni.
— Uxla, uxla, bolam... Ular janjallashayapti. Bechora Inem!..
— Ular nega urishishyapti, oyi?

Savolim javobsiz qoldi. Keyin atrofga jimlik choʻkdi va men uxlab qoldim.

Bunday chinqiriq va ingrashlar deyarli har kecha takrorlanardi. Har safar onamni uygʻotardim va u achinib:
— Shoʻrlik, bechora qizcha! — deb qoʻyardilar. — U hali goʻdak, axir. Qiynalayotgan boʻlsa kerak-da!..

Kunlarning birida Inem bizlarnikiga keldi... Uning oqarib ketgan chehrasi hamon koʻz oʻngimda. Goʻyo unda bir tomchi qon ham qolmagandek edi. Inem nimadir demoqchi boʻlardi-yu, lekin aytolmasdi; koʻz yoshlari boʻgʻardi uni.
— Nega yigʻlayapsan, Inem? Nima boʻldi, qizim? — soʻradi onam.
— Begoyim, — dedi Inem oʻpkasini bosolmay, — meni oʻzingizga qaytarib oling. Olaqoling!..
— Axir sening ering bor, Inem...
— Oʻzingizga qaytarib oling!..
— Nega, Inem? Markabon seni xafa qilayaptimi? — soʻradi onam.
— Begoyim, menga rahmingiz kelsin...
— U har kecha men bilan olishadi, qiynaydi, ogʻriyapti desam ham, ogʻritaveradi... Erim boʻlishini istamayman! Istamayman!
— Yoʻq, yoʻq, Inem, — uni tinchlantirishga urinardi onam. — Mana koʻrasan, hammasi yaxshi boʻlib ketadi! Axir erga tegishni oʻzing xohlaganding-ku?!
— Ha, begoyim... Lekin... Lekin...
— Esingda boʻlsin, Inem, xotin hamisha erining gapiga kirishi, unga boʻysinishi kerak. Boʻlmasa ajdodlarimiz seni la’natlaydilar.

Inem indamas, koʻz yoshlari hamon yuzini yuvardi.
— Mayli, endi uyingga boraqol. Eringga quloq sol. Ering har qancha yomon boʻlmasin, uning aytganini qil, chunki u sening xoʻjayining.

Inemning ketgisi kelmasdi.
— Qani, Inem, boraqol endi! Mana koʻrasan, hammasi yaxshi boʻlib ketadi! Olloh rahmdil, qizim!..

Inem asta yurib, chiqib ketdi.
— Bechora, shoʻrlik qizcha! — deya pichirladi onam, uning orqasidan qarab.

Esimda, oʻshanda onamdan soʻragan edim:
— Oyi, dadam ham siz bilan olisharmidi?

Onam sergaklanib menga qaradi-da, keyin jilmaydi.
— Yoʻq, — dedi onam. — Sening otang... dunyodagi eng yaxshi odam, Muk!

Va biz ketmonni olib, tomorqaga qarab joʻnadik.

Oradan bir yil oʻtganini sezmay ham qoldim. Inem bizlarnikiga yana keldi. U ancha oʻzgargan, katta boʻlib qolganga oʻxshardi.
— Begoyim, — dedi u onamga boshini xam qilib, — endi mening erim yoʻq...
— Nima, sen beva boʻlib qoldingmi?

Inem indamadi.
— Nima boʻldi oʻzi? Aytsang-chi?
— U meni kaltakladi, begoyim.
— Urdimi? Demak, sen gapiga kirmabsan-da?
— Yoʻq, begoyim. Siz nima degan boʻlsangiz, men shunday qildim... Hammasini qildim!..
— Men senga ishonmayman... Agar xotini aytganini qilsa, erkak hech qachon unga qoʻl koʻtarmaydi.
— Begoyim, jon begoyim, meni yana oʻzingizga qaytarib oling, — dedi yalinib Inem.
— Inem, — dedi onam, — sen endi ering bilan yashamayapsan, bizning uyimizda esa katta bolalar bor...
— Nima, bolalar meni urishadimi?
— Gap bunda emas, Inem. Tushunsang-chi... Sen endi bizning uyda qololmaysan. Odamlar nima deyishadi?

Qizchaning koʻzlarida yosh yaltiradi.
— Xayr... — dedi u ovozi qaltirab.

Inem uyida oshiqcha yuk edi. Hamma uni urar va soʻkardi. Otasi va onasi, ukasi, amakisi va xolasi qizchani xoʻrlardi. U biznikiga ham boshqa kelmasdi. Koʻchada kamdan-kam koʻrinardi.

Ba’zan Inemning chinqirigʻi bizning uygacha eshitilardi, achchiq va alamli chinqiriq. Uni eshitmaslik uchun qoʻllarim bilan quloqlarimni mahkam berkitib olardim.