OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifPramudya Ananta Tur
Asar nomiKurantil koʻchasi, 28 (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Indonez adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Pramudya Ananta Tur
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHulkar Fayz
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kurantil koʻchasi, 28 (hikoya)
Pramudya Ananta Tur

Indoneziyaning zamonaviy yirik yozuvchisi Pramudya Ananta Tur 1925 yilda tugʻilgan. Yoshlik yillarida qoʻlida qurol bilan mamlakat mustaqilligi uchun kurashgan. Milliy adabiyot rivojiga qoʻshgan katta xizmatlari uchun Indoneziyaning bir qator adabiy mukofotlariga sazovor boʻlgan. L.Tolstoy, A.Kuprin, M.Gorkiy, M.Sholoxov asarlarini indonez tiliga tarjima qilgan. Koʻplab hikoyalar, «Bu Janubiy Bentenda yuz bergan edi» qissasi va «Bekasi nahri sohilida» romani muallifidir.

Shahar boʻylab bir maromdagi horgʻin, qisqa odimlar bilan askar botinka kiygan kishi borardi.

Bir necha yil burun bu botinkalar yap-yangi edi, yaltirab turardi. Jang maydonlari boʻylab, oʻldirilgan turli millat askarlari tanasini tahqirlab, muzaffarona yurib oʻtgandi. Lekin u paytlar oʻtib ketdi. Botinkalar oʻz ohorini yoʻqotdi: poshnalari yeyilib, usti sargʻayib yirtildi, uchi ayrilib ketdi.

Botinkalar ichida ingichka va qoqshoq oyoqlar koʻzga tashlanardi. Bir necha yil burun bu oyoqlar baquvvat va tolmas edi, lekin urush ularning avvalgi kuchini soʻrib olgan edi.

Kattakon botinkalar va uning ichidagi gugurt choʻpiday ingichka oyoqlar koʻpchilikning kulgisini qistatardi. Oʻtkinchilar haligi kishini kijang1 yoki Buratino deb mayna qilardilar. Ammo u oʻtkinchilarga e’tibor bermay yoʻlida davom etardi.

Qachonlardir uning oyoqlarini uzun shimi berkitib turardi. Lekin shim asta-sekin qisqarib bordi, chunki sohibi pochasi titilgan sayin uni kesib tashlardi. Oxir-oqibat, shim kalta ishtonga aylandi va sohibining ozgʻin orqasini zoʻrgʻa berkitadigan boʻlib qoldi. Ammo bu kalta ishtonning tarixi ancha uzun edi: zero, u Hindistonni aylanib chiqdi, Sardiniyada va Boloneda boʻldi va yana Yavaga qaytib keldi.

Uning oriq va qoqsuyak badanini zoʻrgʻa qoplab turgan gurkxlarning yashil toʻrli askar koʻylagidan uning oyoqlari kabi ingichka qoʻllari va boʻyni chiqib turardi.

Bu odamni Mahmud Asvan deyishardi. Bir paytlar u kim bilandir tanishar ekan, mashhur pesa qahramoni singari nomini oʻzi aytardi: «Men rojaman. Ismim — Indra Pervira. Men Dehli sultoniman». Lekin hozir bu odam indamaydi. Oʻz nomini aytishning nima keragi bor? Buni boshqalar aytgani ma’qul.

Belbogʻiga osib olgan boʻxchada uning bor-budi joylangandi: u ham boʻlsa Garut2 dagi toʻqimachilik fabrikasida tayyorlangan jigarrang oristonlik koʻylagidan iborat edi. Mazkur boʻxchani bundan besh soat burun qamoqxonada olgan edi. Ozodlikka boʻshatilayotgan barcha mahbuslarga jigarrang koʻylakdan tashqari oʻn kilogrammdan guruch ham berishardi, lekin u guruchni olmadi, uni yuk qilib koʻtarib yurishni istamadi. Koʻylakning choʻntagida oʻn rupiy bor edi, lekin u buni hozircha eslamas edi.

Mahmud Asvan hashamdor doʻkonlar, idoralar, xususiy uylar yonidan oʻtib borardi. Bir vaqtlar ular Mahmudni hayratga solardi, endi boʻlsa, oʻzi oʻziga savol berardi:

«Oʻsha doʻkon, idora, uylarning kimga foydasi bor?» — lekin bu savolga javob topolmasdi. Uning qalbida hech narsaga, hech kimga shafqat qolmagandi. U hamma meni yanchib tashlashga, yoʻq qilishga intilayapti deb gumon qilardi. U faqat odamlarnigina emas, jonivorlarni, oʻsimliklarni, mashinalarni, hatto toshlarni ham koʻrgani koʻzi yoʻq edi. Ularning hammasi uni yoʻq qilishga intilayotgandek koʻrinardi. Baxtsizligining cheki-chegarasi yoʻq edi, diydasi shu qadar qotib ketgan ediki, oʻzidan ham, hatto koʻzlari, qoʻllari, lablaridan ham nafratlana boshlagandi. Bularning nima keragi bor oʻzi? U hammadan ham xudodan nafratlanardi, chunki unga hayotni faqat azoblarga mahkum qilish uchungina bergan edi.

Birdan uning ongida xotiralari gʻujgʻon oʻynay boshladi.

Mana, u Kramat koʻchasida, qurol-yarogʻ yashiringan qutilar ortilgan yuk mashinasida ketayapti. Uning qoʻl-oyoqlari mahkam bogʻlab tashlangan. Nigohi uni kuzatib borayotgan qoʻriqchida. Bir ming toʻqqiz yuz qirq beshinchi yil. «Shuning nima keragi bor edi oʻzi?» — deya soʻradi u oʻz-oʻzidan va yana javob topolmadi.

Yollanma askarning qismati juda ogʻir, ayniqsa, atrofidagi odamlar tilini tushunmasa. Agar yarador oyogʻi zirqirayotgan va harorati koʻtarilib, a’zoi badani olov boʻlib yonayotgan boʻlsa yanada ogʻir!..

Oʻshanda u kazarmada yashardi. Lekin bu uning hayotidagi eng ogʻir damlar emasdi. Eng ogʻir kunlari Glodok turmasiga tushganidan keyin boshlandi. Uning koʻz oʻngidan mahbuslarni tahqirlash, jerkish, soʻkish, urish va otishlar bir-bir oʻta boshladi.

Glodok turmasidan uni Chipinang, undan Gang Tengax qamoqxonasiga oʻtkazishdi. Bu yerda och mahbuslar orasida changalzor qonuni hukm surardi — kim zoʻr boʻlsa oʻsha yashab qolardi...

Onrust — Edam — Tangerang — Nusa Kambangan — Semarang. Har bir yangi lager unga yangi-yangi iztiroblar olib kelardi. U oʻziga qayta-qayta savol berardi: bularning hammasi nimaga kerak? Javob esa hamon topilmasdi. U bu savolni mahbus joʻralariga berganda esa, ular magʻrur javob qaytarishardi: «Erk uchun kurashchilarning qismati shunday!» Darvoqe, hamma ham shunday deb javob bermasdi. Uylanganlar unga moʻminlik bilan itoatkorona javob qilishardi: «Iztirob chekish barchaning qismatida bor. Tangriga ibodat qil!»

Ammo bu javoblar uni qanoatlantirmasdi. Mudhish tomoni shunda ediki, u hayotda asosiy maqsadi nima ekanini bilmasdi. Holbuki, bu maqsad hozir judayam zarur edi, chunki yapon hukmronligi tugab bormoqda, yangi davr boshlanmoqda edi...

U hali yosh yigit, umid va orzulari koʻp edi. Lekin uylanib ulgurmagandi. Rafiqasi ayrim kamchiliklariga, jumladan, irodasi boʻshligiga qaramay yoqimtoy ayol edi. Ular bir xonada yashashar va bitta karavot1 da uxlashardi. Oilaviy turmush uni koʻp narsaga oʻrgatgandi. U inson tinch va osuda hayotga naqadar ehtiyoj sezishini tushunib yetgandi...

U butun qalbi bilan uning tinch turmushini buzganlarni yomon koʻrib qolgandi. Mahmudning ulardan yovuzroq dushmani yoʻq edi.

Keyin inqilob2 boshlandi. Ularning uyini yondirib yuborishdi. Mahmud bosqinchilardan oʻch olishga ahd qildi, lekin qoʻlga tushib qoldi... Toʻrt yil qamoqxonalar va lagerlarda azob chekdi. Uni faqat afv qutqarib qoldi. Mana u ozodlikda. Lekin yashashga imkon boʻlmagandan keyin, bunday ozodlikdan ne foyda?..

Xotini qaerda ekan? Uning Marnisi qaerlarda yurgan ekan?.. Oʻlib ketganmikin yoki Senen bozorida sasigan goʻsht sotib yurganmikin? Buni u bilmasdi, faqat shuni bilardiki, rafiqasi irodasi boʻsh ayol edi.

Kurantil koʻchasigacha hali ikki kilometrcha bor. U aynan oʻsha yoqqa borardi. U juda toliqqan, befarq odimlab borardi. Bir vaqtlar hamisha hafsala bilan tarab yuriladigan sochlari toʻzib ketgandi. Koʻkragi ogʻriqdan zirqirardi.

U vaqtning qancha boʻlganini bilish uchun soatlar doʻkoni oldida bir necha daqiqa toʻxtab qoldi. Soat millari toʻrtni koʻrsatardi. Uning ozodlikka chiqqaniga bor-yoʻgʻi besh soat boʻlibdi. Bugun ertalab soat oʻn birda u Poloka lageridan chiqdi. Boshqa lagerlar bilan birgalikda bu qamoqxona uning toʻrt yillik umrini oʻgʻirladi. Yoʻqotilgan toʻrt yil! Holbuki, uning hayoti butunlay boshqacha boʻlishi mumkin edi. Ehtimol, u shu paytgacha Marni bilan yashagan boʻlur edi, balki bolalari boʻlardi...

«Nega muncha omadim yurishmadi?» — Oʻylardi u, kechirgan azob-uqubatlarini eslab. Javob esa bittagina edi: «Hammasiga odamlar aybdor! Ularning har biri faqat oʻzini oʻylaydi!» Mahmud boshqalardangina emas, oʻzidan ham nafratlanib ketdi. Ba’zan qon tomirini kesib, oʻzini tinchitgisi kelardi. Faqat dunyo oldidagi, oilasi oldidagi burchi uni bu qaltis niyatidan toʻxtatib qolardi. Eng muhimi — rafiqasi oldidagi burchi. «Marni iffatini menga bagʻishladi», — derdi u oʻziga-oʻzi. Iffatni hech qanaqa pulga sotib olib boʻlmaydi! Yoʻq, u hech boʻlmasa, Marni uchun yashashi kerak. Shuning uchun oʻzini oʻldirishga haqqi yoʻq!

Kurantil koʻchasi bosqin1 paytidagidan ancha chiroyli koʻrinardi. Unda mashinalarning oqimi tinmaydi. Koʻchaning har ikki tomonida avvalgiga nisbatan yanada hashamatli doʻkonlar saf tortib turibdi. Doʻkonlar va idoralarning nomlari bitilgan lavhalar ham endi yapon tilida emas, golland tilida edi. Sartaroshxonaning lavhasi — u ham golland tilida — tagida «Kurantil koʻchasi, 28» yozuv i oʻzini koʻz-koʻz qilardi.

U shisha deraza orqali ichkari qaradi. Ichkari ozoda, chiroyli qoplamali jihozlar yaltirab turar, yirik koʻzgular charaqlardi. Sartaroshxona sohibi stulda oʻtirib gazeta oʻqirdi. Oʻtgan yillar ichida u qariyb oʻzgarmabdi, hatto oldingidan yoshroq koʻrinardi. Bir vaqtlar Mahmud bu sartarosh bilan shohmot oʻynashni yaxshi koʻrardi.

Mijozlar yoʻqligidan ketishga taraddudlangan sartarosh gazetani buklab, bir chetga qoʻydi, oʻrnidan turib eshikka yoʻnaldi. Yaqinlashib kelayotgan odamni koʻrib, qotib qoldi. Koʻzlari katta-katta ochildi va u:
— Mahmud! — dedi sekingina.

Qandaydir soniya ichida Mahmud unga bir qarab oldi-da, yoʻlida davom etdi. Bu odam bilan gaplashishdan nima foyda? U ham bir aldamchi boʻlsa kerak-da, qabohatdan boshqa nimani kutish mumkin.
— Mahmud! — eshitildi orqadan.

Sartarosh unga yetib oldi-da, yengidan tortdi, doʻkoniga taklif qildi.
— Meni nega chaqirayapsan, Mamat? — soʻradi Mahmud, sobiq doʻstiga ergashar ekan.
— Oʻtir. Sen bilan gaplashmoqchiman.

Mahmud hech narsa demadi. Lablarida ishonchsiz iljayish paydo boʻldi. Ular dumaloq marmar stol atrofidagi oromkursiga oʻtirishdi. Mahmud koʻzlarini yumib, horgʻin bir holatda kursi suyanchigʻiga yastandi.
— Demak, sogʻ-salomat ekansan-da?
— Ha, soppa-sogʻman.
— Men boʻlsam...

Mahmud koʻzlarini ochib, Mamatning orqasidagi koʻzguda oʻz aksini koʻrdi. U oʻzini taniyolmay qoldi!

Oʻtgan toʻrt yil ichida u biror marta ham oynaga qaramagandi. Bir vaqtlar dono va mehribon chehra oʻrnida unga ajin bosgan va soch-soqoli oʻsgan bashara baqrayib qarab turardi.
— Juda oʻzgarib ketibsan... — dedi Mamat gapni nimadan boshlashni bilmay. — Qaerdan kelayapsan?
— Lagerdan, — xohlamay mingʻirladi Mahmud.
— Men boʻlsam...

Mahmud oʻrnidan turdi, ketmoqchi boʻldi, lekin Mamat uning qoʻlidan ushlab qoʻyib yubormadi.
— Nima demoqchisan Mamat?
— Toʻxtab tur. Men sening doʻstingman, axir. Xuddi avvalgiday... Mahmud men seni... Kramat koʻchasidagi jangda oʻlgansan deb oʻylagandim. Menga tanish boʻlgan bir politsiyachi aytuvdi; sening boshingga portlovchi oʻq tekkanini... — U tutilib, koʻzini dastroʻmoli bilan arti-da, — soʻzini davom ettirdi: — Oʻsha odamni sening noming bilan koʻmishibdi.
— Sen haqsan, Mamat. Men bundan toʻrt yil oldin oʻlganman. Endi men uy-joysiz daydi ruhman. Sen men bilan gaplashmasliging kerak.
— Oilangdan xabaring bormi?
— Yoʻq.
— Axir sen mening eski doʻstimsan, Mahmud. — Sartarosh jim qoldi. Soʻng birdan soʻradi: — Senga nima boʻldi? Nega bunaqa oʻzgarib ketding?
— Endi men faqat daydi ruhman, — takrorladi Mahmud.
— Qayoqqa boryapsan? — soʻradi sartarosh.
— Oʻzim ham bilmayman. Eski uyimni bir koʻrsammikin?
— Undan nom-nishon ham qolmagan. Hozir uning oʻrnida sanoat korxonasi qurishgan.
— Axir u yer meniki-ku. Mening uyim oʻsha yerda turgandi.
— Yerni sotib olishdi.
— Uni kim sotdi?
— Kechirasan, Mahmud... Axir men seni oʻlgan deb oʻylagandim.
— Endi boʻlsa sen bizning doʻstligimiz tufayli men oʻz yerim va vayron boʻlgan uyimdan voz kechishimni xohlayapsan, shundaymi?
— Undaymas, Mahmud... Mening hunarim yaxshi daromad bermayapti... Men yerni sening bolang uchun sotdim.
— Mening bolam uchun? — hayajonlanib qayta soʻradi Mahmud va qattiq kula boshladi. — Mening bolam uchun, deyapsanmi?
— Ha. — Sartarosh tasdiqlab bosh egdi.
— U mening bolam bor, deyapti! — xitob qildi Mahmud notanish uchinchi shaxsga. — Buni qaranglar-a, men daydida bola bor emish. Balki, bitta emas, koʻpdir?
— Ha, koʻp. Ular ikkita. Shuning uchun ham men yerni va uying qoldiqlarini sotdim. Sen tushunadigan odam eding. Hozir ham meni toʻgʻri tushunasan deb umid qilaman.
— Men seni yaxshi tushunib turibman. Shuning uchun ham senga hech qanaqa da’voyim yoʻq.

Shu payt sartaroshxonaga bir qizcha kirib keldi, bahslashayotganlar baravariga jimib qolishdi.
— Dada! — dedi qizcha qiyqirib. Lekin notanish odamni koʻrib, qoʻrqib ketdi-da, ogʻzini ochganicha qotib qoldi.
— Buyoqqa kel, Nani!

Nani sartaroshning tizzalariga oʻtirgach:
— Nega qoʻrqasan? — dedi Mamat. — Bu Mahmud amaki-ku.

Qizcha notanish kishiga yana bir qarab oldi-da:
— Dada, oyim qalampirga pul soʻrayaptilar, — dedi.

Mahmud koʻylagi choʻntagiga qoʻl solib, oʻn rupiy chiqardi-da, Naniga uzatdi.

Qizcha qoʻrqqanidan chinqirib yubordi.
— Obor pulingni, Mahmud! — baqirdi sartarosh ham. U qizchaning yuzini silar ekan, dedi: — Bu sening bolang, Mahmud.

Qizcha yuzini sartaroshning koʻksiga yashirgancha stolga yopishib turardi.
— Qoʻrqma! Bu yaxshi amaki, — deya tinchlantirardi Mamat.

Mahmud pulni stol ustiga qoʻydi. Uning yuzi tagʻin ham ozgʻin va qariganday koʻrinib ketdi.
— Shu rostdan ham mening qizimmi?

Mamat yuzini Nanining sochlariga bosdi:
— Yolgʻiz xudoga ayon, — dedi ayanch bilan. — Agar sening qizing boʻlmasa, demak u mening qizim.

Mahmud oʻtirgan oromkursisidan dik etib turdi, sobiq doʻstiga oʻtkir nigohini qadadi:
— Mamat, Marni shu yerdami?

Mamat «ha» deganday bosh irgʻadi, Mahmud oʻrniga oʻtirdi.
— Endi sen hamma narsadan voqifsan, Mahmud. Bu bola kimniki ekanligini ishonch bilan aytish qiyin. U ham meniki, ham seniki.
— Endi hammasi tushunarli, — dedi Mahmud. — Meni bu yerga shuning uchun chaqirdingmi?
— Ha. Oʻylashimcha, bu voqeani senga gapirib oʻtirishning hojati yoʻq. Gap nimadaligini oʻzing tushunib turibsan. Odamlar seni oʻlgan deb oʻylashardi. Ehtimol,sen bu dunyo biz ikkalamizga torlik qiladi, deb oʻylayotgandirsan?

Mahmud qoʻllarini stolga qoʻydi.
— Koʻrayapsanmi?
— Qoʻllaring juda ham ozgʻin.
— Ha, juda ozgʻin... Yoʻq, Mamat, dunyo ikkalamiz uchun unchalik tor emas. Men hali yashashni istayman, lekin yana yigirma yilga chidaymanmi, yoʻqmi. Marni esa, Marni... bu yerda yaxshi yashayotganga oʻxshaydi. Mening ketganim ma’qul, — shunday deb Mahmud oʻrnidan turdi. Mamat uni toʻxtatdi:
— Shoshma! Nahotki sen Nani qizingni tizzangga olib birpas erkalashni istamaysan? Nahotki Marni bilan koʻrishishni xohlamasang?

U parda bilan toʻsilgan eshikka oʻgirildi-da, baland ovozda chaqirdi:
— Marni!

«Marni bilan uchrashib nima qilaman? — Oʻyladi hayajonlangan Mahmud. — Uchrashsam nima qilibdi? Axir, har nima boʻlganda ham u mening xotinim-ku».
— Meni bu yerda mehmon deb hisoblayver, Mahmud, sen esa uy sohibisan. Chunki bularning hammasi sening pulingga —sotilgan yer evaziga olingan. Agar istasang, men ketishim mumkin.
— Nega? Axir mening hayotim barbod boʻlgan-ku.
— Sen nohaqsan, Mahmud. Manmanligingni qoʻy. Mening maslahatimga kir: xotining bilan koʻrish. — Mamat yanada balandroq ovozda chaqirdi:
— Marni!
— Tangri guvoh, — davom etdi u, — sening oʻlganing haqidagi xabardan keyin Marniga juda qiyin boʻldi. Unga juda ham rahmim keldi. Axir erkakka ayol kerak-da. Marni mening yordamimga muhtoj edi. Shuning uchun ham unga uylandim.
— Rahmdillik — eng bema’ni bahona, Mamat! Odamning ayolga rahmi kelganidan uylanishini sira xayolimga sigʻdira olmayman.

Sartarosh jim. Nani yigʻlardi. Ostonada ayol koʻrindi.
— Meni chaqirdingizmi? — soʻradi u Mamatdan.
— Mehmonimiz bor, — javob berdi Mamat. — Mundoq oʻtir.

Shoshib qolgan ayol sal oʻziga kelgach, oromkursiga oʻtirdi. U mehmonni diqqat bilan koʻzdan kechirdi. Uning boʻgʻzidan bir nido otilib chiqdi:
— Mahmud!

U qoʻllarini choʻzdi, goʻyo sobiq erini bagʻriga bosmoqchi edi, lekin birdan qoʻllarini tushirdi va alam bilan oʻksib-oʻksib yigʻladi.

Mamat ham yigʻlardi. Uning koʻz yoshlari quchogʻida qisinib turgan Nanining boshiga tushardi. Qizcha esa indamasdi. U nimalar boʻlayotganini yaxshi tushunmasdi, kimning bolasi ekanligi unga baribir edi. Yillar oʻtadi, u ulgʻayadi, oʻshanda bu masala uning oldida koʻndalang boʻladi. Lekin hayotining oxirigacha u bu savolga javob topolmaydi. Hozir esa hech narsani oʻylamasdi. U Mamatning quchogʻidan sirgʻanib chiqdi-da, onasining tizzasiga oʻtirdi.

Marni gʻoyat baxtsiz edi. Taqdir oʻyinini qarangki, u ikki erli boʻlib qoldi. Uning xayollari parishon, yuragi tars yorilay derdi. Marni biror soʻz aytishga majolsiz, faqat oʻkirib yigʻlardi.
— Ketdik bu yerdan, Mahmud, — dedi sartarosh ichkari eshikka yoʻnalarkan.
— Qayoqqa? — soʻradi xijolat boʻlib Marni. Mamat unga javob qaytarmasdan, Mahmudni xosxonaga boshlab kirdi: — Begonalarning koʻrmagani ma’qul, — dedi.

Kutilmaganda eshik ochilib, ostonada kalta shim kiygan erkak paydo boʻldi.
— Ne kunlarga qoldik, Mamat! — xitob qildi u. — Velosipedga ham soliq joriy qilishibdi.

Hammaning nigohi unga qadaldi. Gangib qolgan kishi bosh egib kechirim soʻradi. Birdan mehmonni tanib qoldi.
— Mahmud!

Kalta shimli kishi Mahmudni quchoqlab bagʻriga bosdi-da, qulogʻiga shivirladi:
— Men seni oʻlgan deb oʻylagandim...

Mahmud qoʻllarini yoyib, javob qildi:
— Men endi sening doʻsting boʻlgan Mahmud emasman.

U koʻchaga chiqdi va joʻnavordi.
— Mahmud! — qichqirdi Marni.
— Mahmud! — chaqirdi Mamat.
— Mahmud! — eshitildi kalta shimli kishining ovozi.
— Uni qaytaringlar! — yalindi Marni.

Ikki erkak uning orqasidan yugurdi.

Mahmud odam gavjum koʻcha boʻylab, hech narsaga parvo qilmay shoshib borardi.
— Qayoqqa ketayapsan, Mahmud? Uying shu yerda, axir. Xotining shu yerda. U seni haliyam sevadi. Qizchang — Nani shu yerda. Yaxshisi, men keta qolaman, — derdi sartarosh takrorlab.
— Men bilan ishlaring boʻlmasin.
— Ahvoling ne kechadi, Mahmud?
— Senga nima? Sening ishing bor, oilang, puling bor. Menda esa hech vaqo yoʻq. Hatto umid ham yoʻq. Men oʻzimga ham, xudoga ham ishonmayman.
— Qayt orqangga, — yalinardi Mamat. — Aks holda hayotingdan hech qanday foyda yoʻq.
— Endi men hayotimdan qanday foyda boʻlishini yaxshi bilaman.
— Sen buni zindonlarda angladingmi?
— Yoʻq, hozirgina tushundim.
— Nima, gʻururlanib ketdingmi?
— Yoʻq.
— Seningcha, hayotning ma’nisi nima?
— Hayronman, men nega buni shunchalar kech tushundim, — dedi jilmayib Mahmud.
— Xoʻsh, nima uchun yashayapmiz, axir?
— Soliqlarni vaqtida toʻlab turish uchun.

Mahmud koʻprikning temir panjarasiga yaqinlashdi va toʻxtab qoldi.
— Pastga qaranglar, — dedi u. — Men u olamning moʻ’jazgina parchasiman. Xuddi suv va toshlar misol. Baliqlar singari. Yoʻq, men tabiatni boʻysindiruvchilardan emasman.

Va birdan u panjara osha pastga sakradi...
— Yordam beringlar! Odam choʻkayapti! Yordam be-ring-la-ar! — baqirishardi koʻprikdagi ikki kishi.

Ularning atrofini oʻtkinchilar oʻrab olishdi. Daryo boʻylab qayiq suzib oʻtdi. Undagi kishilar suvga shoʻngʻishdi, choʻkkan odamni qidirishdi. Lekin befoyda.

Kech kirdi — Odam Ato davridan beri barcha oqshomlarga oʻxshash oddiy kecha. Ertaga tong otadi. Lekin Mahmud bu tongni boshqa koʻrmaydi. Uning uchun tun boshlandi, soʻngsiz tun.