OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifPramudya Ananta Tur
Asar nomiLeman bobo (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Indonez adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Pramudya Ananta Tur
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHulkar Fayz
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Leman bobo (hikoya)
Pramudya Ananta Tur

Ha, ha, hammasini eslayman. Oʻshanda men toʻrt yoshda boʻlsam ham hammasi esimda. Men bu oilani juda yaxshi bilardim: chol-kampir Lemanlarni, ularning farzandlari — Man, Niyomiddin, Siddin va qizlari Siyohga oʻrganib qolgandim.

Har kuni ertalab, soat toʻqqizda ularnikiga kirib borardim, chunki hammasi uyda boʻlardi. Uylariga chopib kirardim-da, Leman buvaning tizzalariga oʻtirib olardim. U kishi yelkamga qoqib qoʻyar va qahva tutardi. Men kulardim. Leman buvi ham kulardi. Agar: «Siyoh qani?» deb soʻrasam, ular «Hali uxlayapti» deb javob berishardi.
— Uxlayaptimi? Men boʻlsam turdim! — derdim maqtanib.

Leman buva jilmayib qoʻyardi va meni erkalab:
— Siyoh — dangasa qiz-da, — derdi.
— Man qaerda?
— Daryoda, choʻmilayapti.
— Niyomiddin-chi, buva?
— Uyga hali kelganicha yoʻq. Kechasi gardu da qorovullik qilgan edi. Hozir oʻsha yerda uxlayapti.
— Haliyam uxlayaptimi?
— Boʻlmasam-chi? Kechasi bilan shaqildogʻini shaqillatib yurib, charchab qolgan.

Ba’zan meni ubi bilan siylashardi.

Lemanlar uyida koʻrganlarim va eshitganlarimni darhol onamga gapirib berish odatim bor edi. Oyijonim qiyiq koʻzlari bilan menga diqqat-la qarab turardilar-da, koʻrsatkich barmoqlarini burnim oldida oʻynatib derdilar:
— Qachondan beri tayinlayman senga, «u yerga hadeb boraverma» deb. Ular ishlarini qilishlari kerak, axir.
— Ular ishlashmaydi-ku, axir...
— Chunki sen ularga halaqit beryapsan.
— Siyoh boʻlsa haliyam uxlayapti... Mana koʻrdingmi? — Hozirgina qat’iy ohangda boʻlgan onamning ovozi birdan yumshadi. — Yalqovlik — juda yuqumli kasallik. U xuddi koʻz ogʻrigʻiga oʻxshab bir kishidan ikkinchisiga oʻtadi. Agar sen ularnikiga tez-tez boraversang, oʻzing ham yalqov boʻlib qolasan.

Bir kuni men onamning yuqadigan yalqovlik kasali haqidagi gaplarini Leman buvaga aytdim.
— Ha, oying rost gapni aytibdi, — dedi u oqkoʻngillik bilan... — Men yalqov odamman. Agar shunday boʻlmaganimda ham nima oʻzgarardi?.. Axir mening sholi ekadigan yerim yoʻq-ku. Bir qarich tomorqam ham yoʻq mening... Mening bor boyligim — mana shu pichoq. Uni har kuni yaxshilab charxlayman, silab-siypalayman. — Leman buva pichoq charxlaydigan qayroq toshiga qarab qoʻydi. — U bilan birga qaerdadir kechasi yoʻl poylayman — qarabsanki, ikki yarim tanga choʻntagimda. Agar Lemanda sen boʻlmasang pichoq qadrdonim, menda gardu qaerdan ham boʻlardi!...

Leman buvaning ovozi juda yoqimli edi; soʻzlarni u boshqacharoq talaffuz qilardi, burnida gapirardi. Gaplarini miriqib tinglardim.

Bir safar men Lemanlar haqida gap boshlaganimda oyim urishib berdilar:
— Bu yalqovlarni muncha yoqlab qolding! Faqat ishlab, mehnat bilan kun koʻradiganlargina hurmatga loyiq, bolam. Buni esingdan chiqarma!

Keyingi kundan boshlab men doʻstlarimnikiga bormay qoʻydim.

Oradan koʻp kunlar oʻtdi. Bir mahal qarasam, aylanib yana Lemanlarnikiga borib qolibman. Odatim boʻyicha:
— Siyoh qaerda? — deb soʻradim.

Leman buva boshini quyi soldi. Buvi boʻlsa yoʻtalib qoʻya qoldi. Qiziq, nega savolimdan gʻalati ahvolga tushib qolishdi. Nihoyat qariya javob berdi:
— Siyoh ketdi. Hozir Palembang da.
— Bu uzoqmi?
— Ha, uzoq. Dengiz ortida.
— Nega u yoqqa ketib qoldi, buvi?
— Pul izlab ketdi. Tilla topib keladi... — Buvining yuzi istehzoli burishib ketdi.
— Hozir ahvol juda ogʻir, — dedi oʻzicha keksa Leman. — Hatto priyailar ham zoʻrgʻa kun koʻrishyapti! Qanchalari oʻz uy-joylaridan mahrum boʻlishdi!

Men bu soʻzlarni eslab qolishga harakat qilardim. Keyinroq ular nimani anglatishini bilib olishim uchun eslab qolishim kerak edi-da. Kechqurun, odatdagidek, otam uy yonida kursida oʻtirgani chiqqanida, men uning oldiga yugurib bordim. Savol bermasimdan oldin gapirib qoldilar:
— Maktab haqida soʻrayverib jon-holimga qoʻymasding. Mana, oʻqiydigan payting ham kelib qoldi.

Bu juda yoqimli xushxabar edi. Men hatto quvonchimdan bir sakrab qoʻydim.
— Men maktabga boramanmi? Qachon, ota?
— Ertaga!

Shunda men Leman buva nimalar deganini butunlay unutib yubordim. Ertaga maktabga boraman! Men baxtli edim. Garchi qalbimning ich-ichidan ertalablari Lemanlarnikida qahva ichmaydigan boʻlganimdan afsuslansam-da, baxtiyor edim. Xuddi shunday boʻldi: oʻshandan boshlab men ularnikiga faqat ta’til paytlari yoki yakshanba kunlari boradigan boʻldim.

Kunlarning birida, maktabdan qaytayotib uyimiz yonida Leman buvani uchratib qoldim. U menga yangi varrak tutqazdi. Esimda, oʻsha varrakni hech uchira olmagandim. Boshqa bolalarning epchillik bilan varrak uchirayotganini koʻrib, menga alam qildi, jahl ustida uni parcha-parcha qilib tashladim.

Bir safar — unda men ta’tilda edim, joʻralarim bilan koʻchada oʻynab yurgandim. Kutilmaganda Lemanlar uyi qarshisiga dokar3 kelib toʻxtadi. Hammamiz baravariga oʻyinni tashlab Lemanlarnikiga yugurdik. Birinchidan, qiziqqanimizdan boʻlsa, ikkinchidan esa, eng muhimi, biror shirinlik bilan siylashar degan umidda edik.

Shunda men Siyohni koʻrib qoldim. U yogʻoch karavotda, uncha yosh boʻlmagan erkakning yonida oʻtirgan edi. Siyoh jilmaydi, oʻrnidan turib, yonimga keldi.
— Ha-a, bu senmisan? Koʻrishmaganimizga ham ancha boʻldi... — Shunday deb u kuldi, ikkita tilla tishi yaltirab ketdi.

Siyohning boʻynida yetti tangadan iborat tilla taqinchoq yaltirardi.
— Sen endi boymisan? — deb soʻradim.

Javob oʻrniga u meni oʻpib qoʻydi.
—Menga oltin tanga ber, — deya soʻradim undan.

U boshini sarak-sarak qildi, qoʻlimga allaqanday shirinlikni qistirdi-da: «Ulgʻaysang — Oʻzing boy boʻlasan», dedi. Shu asnoda Leman buva Siyohning yonida kelgan notanish kishi bilan ta’zim bajo keltirgan holda suhbatlashardi. U kishining ogʻzida ham Siyohnikiga oʻxshash tilla tishlari yaltillardi. Leman buvi esa oʻchoq boshida suv isitish bilan ovora edi.

Siyoh qaytib kelgandan keyin men ularnikiga yana tez-tez qatnaydigan boʻlib qoldim. Leman buvaning fillar va yoʻlbars haqidagi, xazinalar toʻgʻrisidagi hikoyalari mening goʻdak tasavvurimni rom etgandi. Haliyam yaxshi esimda, undan eshitganlarimni uyimdagilarga yoki oʻrtoqlarimga birma-bir gapirib berardim, shundagina oʻzimni yengil his etardim.

Bir kuni Lemanlarnikiga kelganimda, haligi tilla tishli kishi anchadan beri koʻrinmayotgani esimga tushdi.
— U qaerda? — soʻradim men.
— Ketdi, — istamaygina javob berdi chol.
— Qayoqqa?
— Kim biladi deysan!
— Siyoh haliyam uxlayaptimi?
— U ham yoʻq...
— U ham ketdimi? — xitob qildim men yigʻlamoqdan beri boʻlib.

Keksa Leman ogʻir xoʻrsindi.
— U qaytib keladimi, buva?

Oshxonadan Leman buvi chiqib keldi.
— Nima qiladi qaytib? Yer yutsin uni! Oʻsha yoqlarda choʻkib ketsa yaxshi boʻlardi!..

Men Siyoh yana dengiz ortiga, Palembangga ketgan boʻlsa kerak deb oʻyladim, lekin chol-kampirning tund yuzlarini koʻrib, bu haqda soʻramay qoʻya qoldim.
— Man-chi? Man qaerda buva?

Qariya qoʻl siltab qoʻya qoldi.
— E-e... Qanaqa kunlarga qoldik... Ana, amaldorlar ham zoʻrgʻa kun koʻrayapti. Avvallari Man oʻshalarning ishini qilib, goh chetanini tuzatib, goh hojatxonasini tozalab boʻlsayam chaqa-chuqa topib kelardi. Endi boʻlsa u ham yoʻq! Mana, Man ham boshqa joylarga omad izlab ketdi.
— Qayoqqa ketdi, buva?
— Chimaxi ga. Askarlikka yozildi.
— Bu yoqqa qurol bilan keladimi? Shunaqami, buva?
— Qaytib keladimi? Yoʻq, bolam. Balki, umuman qaytmas...
— Nima deyapsan, esini yegan chol! Oldinlari shunday edi — armiyadan qaytib kelishmasdi, — uning gapini boʻldi Leman buvi. — Nafaqaxoʻr3 Spandarining aytishiga qaraganda, Achedagi urush4 tugagan emish. Endi boʻlsa askarlarning ishi toʻgʻri qadam tashlab yurish va oʻq otishni oʻrganishdan iborat...

Aslida ham shunday edi: men oʻzim koʻp marta guvoh boʻlganman, qad-qomati kelishgan shovvoz, chinakam jasur otliq askarlar miltiqlaridan daryoning narigi sohilidagi nishonlarga qarata oʻq uzishgani-uzishgan edi.
— Niyomiddin-chi? U qaerda, buva?
— O! U endi xoʻjayin, ukaginam... Uning endi yeri bor... Lekin juda oz oʻsha yer. Niyomiddin tinimsiz ishlaydi... Hozir yashash juda qiyin boʻlib qoldi. Juda qiyin! Esingdami, senga qanday oʻyinchoqlar yasab berardi?
— Nima u bu yerda yomon yasharmidi?
— Agar odamning puli boʻlsa hamma joyda ham yaxshi yashaydi. Agar puli boʻlmasa-yu, qaerdan olishni bilmasa, o, bundan yomoni yoʻq... — Qariyani yoʻtal tutdi-yu, uzoq vaqt gapira olmadi. — E-e, yaxshisi, soʻrama...

Leman buvaning boshi engashgandan engashib boraverdi. Menga u mudrab qolayotganga oʻxshab koʻrindi...

Men uyga kelib, Lemanlarnikida eshitganlarimni ayta boshlagandim, otam keskin gapimni boʻldi:
— Bor, yaxshisi, yuvinib ol.

Men bir ogʻiz ham soʻz qaytarmay hammomga yoʻl oldim. Hammomga kirib oʻylab qoldim: «Nega endi bizning hammom Leman buvaning butun uyidan boyroq?» Yuvinib boʻlgach, bu haqda otamdan soʻradim. U oʻyga toldi, soʻng birdan irjaydi-da, quvnoq bir kuyda hushtak chala boshladi. Men yana oʻsha savol bilan onamga murojaat qildim.

Onam qovogʻini uydi:
— Sen darsingni qildingmi, oʻzi? — shunday deb, qulogʻimdan tortib ayvonga olib chiqdi. — Oʻtir, kitobingni oʻqi!

Oʻsha payt shunday qattiq ogʻriq sezdimki, goʻyo qulogʻimni kimdir qaynab turgan suvga tiqib olganday edi.
— Endi u yoqqa boshqa bormaysan, eshitdingmi?

Oʻshandan boshlab Lemanlar uyiga qadam bosmadim.
— Oradan bir yil oʻtdi. Men haliyam birinchi sinfda oʻqir edim. Tengqurlarim meni kichkina deb oʻyinlariga kamdan-kam qoʻshishardi. Bir kuni Lemanlar uyi atrofida bekinmachoq oʻynayotgan edik. Men devor orqasiga yashirindim. Birdan qulogʻimga notanish erkak ovozi chalindi.
— Demak, xohlamaysan? — soʻradi kimdir jahl bilan.
— Yoʻq, ndoro . Biz kambagʻal odamlarmiz, lekin, haq rost, halol odamlarmiz...
— Besh rupiy!
— Yoʻq, Ndoro.
— Olti.

Jimlik.
— Yetti! — oshirdi narxini notanish kishi. — Bir marta urasan — qiladigan bor-yoʻq ishing mana shu.

Yana jimlik.
— Yetti yarim! — dedi dagʻdagʻa bilan notanish odam. — Boʻlmasa bu mening oxirgi soʻzim — Oʻn rupiy! Agar xohlamasang oʻzingdan koʻr!..

Men oʻyinga shu qadar berilib ketgandimki, tortishuvning davomini eshitmay, yashiringan joyimdan yugurib chiqdim va sarunga kiygan amaldorga duch kelib qoldim. U Leman buvalarning uyidan chiqib kelardi.

Ikki-uch kundan keyin haligi amaldorni yana uchratib qoldim. Lekin u meni sira ham qiziqtirmagani uchun yonidan beparvo oʻtib ketdim.

Nihoyat, oʻsha dahshatli tun ham yetib keldi, u mening esimdan sirayam chiqmaydi.

Onam, otam, men va ukam ayvon oldidagi soʻrida oʻtirgan edik. Toʻsatdan yorqin porlab turgan oyning yuzini qora bulut qopladi. Butun atrofni zulmat bosdi. Daraxtlar shovullab, koʻk gumburladi. Chaqmoq chaqdi va boshimiz ustida yashin chaqnadi. Dahshatli momaqaldiroqdan uylar larzaga keldi.

Biz shoshib uyga kirdik.

Birdan yaqinginadan kentong3 jaranglab qoldi. Keyin qoʻshni qorovulxonalardagi kentonglar ham aks-sado berdilar.
— Bu bizning gardudan!.. Qandaydir baxtsizlik yuz berganga oʻxshaydi, — dedi otam, oʻrnidan turayotib. — Uydan chiqmay turinglar. Men hozir hammasini aniqlayman.

Oʻshanda onamning tashvishga tushgan chehrasini hamon eslayman. U mening savollarimga javob bermas, nigohini uyning qorongʻi burchagiga qadagancha jim turardi.

Oradan chorak soatlar chamasi vaqt oʻtgach, otam qaytib keldi.
— Nima gap? — unga tashlandi onam.
— Eh, anavi keksa Leman! Sal qolibdi odam oʻldirishiga... toʻqmoq bilan uribdi! Qoʻli qaltiragan boʻlsa kerak-da. Xudoning rahmi kelibdi, shekilli.
— Keksa Leman-a? Boʻlishi mumkinmas!

Otam qoʻllarini siltab qoʻya qoldi.
— Xoʻsh, oʻziga nima boʻlibdi?
— Rosa kaltaklashibdi.
— Jinoyatga qoʻl urgan ekan, toʻqmoqqa balo bormidi? Axir pichogʻi hamisha yonida yurardi-ku!
— Pichoq uni boqardi, deyishayapti...
— Nima dedingiz, dada? — soʻradim men bir vaqtlar Lemanlar uyida eshitganlarim esimga tushib. Lekin savolim javobsiz qoldi.
— Bunga ishonging kelmaydi! Shunday ajoyib odam jinoyatga qoʻl ursa-ya! — xitob qildi onam.
— Hayotda har narsa boʻladi... — xoʻrsindi otam.

Kechki ovqat payti hech kim lom-mim demadi. Otam ham, onam ham bir ogʻiz gapirmadi. Lekin ikkalasi ham boʻlib oʻtgan voqea haqida oʻylayotgani sezilib turardi. Mening xayollarim ham Leman buva bilan band edi...

Ertalab hamma kechasi yuz bergan voqea haqida gapirardi. Leman buva esa suvga choʻkkan toshdek yoʻq boʻlib ketdi. Tez orada yetib kelgan xabarlarga qaraganda, uni yetti oylik majburiy ishlarga hukm qilishibdi.

Bir kuni otamning onamga aytgan gaplari qulogʻimga chalinib qoldi:
— Keksa Leman unchalik yomon odam emasdi... Uni shunga majbur etishdi. Tagʻin oʻn rupiy va’da qilishdi.

Shunda Leman buva bilan sarunga kiygan notanish kishi oʻrtasida boʻlib oʻtgan gaplar esimga tushdi. Bu haqda gapirganimda, ogʻzingni yumib yur, bola, deb qattiq tergab qoʻyishdi. Men bu sirni qalbimda asrab yurishga majbur boʻldim. Uni kimgadir gapirib bergim kelardi. Qani endi meni tushunadigan va keksa doʻstimga yordam beradigan щunday odam topilsa.

Tez orada bir voqea sodir boʻldi.

Kechqurun bolalar bilan yoʻl oʻrtasida toʻp oʻynayotgandik. Qora kiyingan bir ayol menga yaqinlashib keldi. U hassa suyanib kelardi. Men kasallik holdan toydirgan basharani koʻrdim.
— Meni tanimadingmi? ... — uning lablari zoʻrgʻa jilmaydi.

«Tilla tishlar! Siyoh!..» Men qoʻrqqanimdan qichqirib, uyga qarab chopdim. Siyoh ortimdan qarab qoldi.

Oʻsha kuni negadir dars tayyorlay olmadim.
— Bu bolaga nima boʻldi ekan, hech oʻylab, oʻyimga yetolmayman!.. — dedi onam jahli chiqib. Lekin shu zahoti menga rahmi keldi-da, erkalab, soʻradi: — Senga nima boʻldi, tentakkinam?..
— Qoʻrqayapman, oyi.
— Nimadan?
— Siyohni koʻrdim, qoʻlida hassa... Judayam qarib qolibdi! Mening yonimga keldi-da: «Nima, meni tanimayapsanmi?» — dedi.
— Men yoningdaman, bolam, qoʻrqma! — deb onam boshimni silab qoʻydi.
— Nega Sidin buvisi Lemannikiga endi hech kelmayapti? — deb soʻradim bir kuni onamdan.
— Sidin mehnatsevar odam. Bu dangasalarning yonida nima qiladi?.. Agar bordi-yu dangasa boʻlsang, yaxshi odamlar sendan yuz oʻgiradi...

Kunlar oʻtib borardi... Tushlik paytlarida Leman buvini birovlar eshigida tez-tez koʻrish mumkin edi. U sadaqa soʻrab yurardi.

Ancha vaqt oʻtgach, keksa Leman qaytib keldi. Dastlabki kunlari u koʻchaga sira ham chiqmasdi. Har zamon Slametan bayramlarida koʻrinib qolar, shunda ham hech kim bilan xayrlashmay tezda joʻnab ketardi. Leman buva haftada bir marta qamishdan toʻqilgan savatlarini koʻtarib, bozorga borardi. Endi Leman buvi tilanchilik qilmay qoʻygandi.

Oradan yana bir necha hafta oʻtdi... Endi Leman buva koʻchada, uyining yonginasida ishlar edi. Men yonidan oʻtib qolganimda, negadir boshini xam qilib turardi. Shunda uning sochlari butunlay oqarib ketganini koʻrardim.