OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Qalen Sidiqova. Gurung (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifQalen Sidiqova
Asar nomiGurung (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Qirgʻiz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Qalen Sidiqova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonTursunboy Adashboyev oʻgirdi. (Qirgʻizchadan)
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Gurung (hikoya)
Qalen Sidiqova

Qishning chillasi. Ayoz bobo yuz-qoʻlni chimchilaydi. Eshikda ogʻzingdan toʻkilgan tupuging yerga tushmaydi. Ikki-uch kun biror joyga chiqmadim. Osmonu falak bir maromda elak qoqadi. Tashqaridan kuzatgan kishi qishloqdagilarning bugungi holatini chumolining turmushiga qiyoslashi mumkin. Qish kuzda kelgan yoʻlbarsday oʻz hukmini oʻtkazayotir. Tabiat toʻlgʻoq tutgan onaday kiprigini qoqmaydi. Bu voha oʻziga xos turfa rang. Xayol tushmagur allaqayoqlarga yetaklaydi.. Ayozda «sovuq yeb qolishdi-da..» Qiziq, «tuproq ham sovuq yeydimi». Tirik chogʻimizda barchamiz ham ne koʻylarga tushmaymiz! Ertangi kunimizga goh umidli, goho noumid boqib, tirikchilik tegirmonida tortilamiz. Alal-oqibat, muzday tuproq soʻlqillab urib turgan yuragimizni koʻmib qoʻyishini esimizga olmaymiz.

Qishloqqa shoshilib, intiqlik bilan kirib borayotganimda qarovsiz qabristonlarga koʻzim tushib, quvonchim birdan marvaridday sochilib ketadi. Ayozda muzday suvni kechib olganday choʻchib ketaman. Bagʻrim eziladi. Bu yerda yotganlarning avlod-ajdodi kimlar? Bizning ota-bobolarimizmi yoki begona kishilarmi?
—Ey, bolam, nimaga qarab turibsan? — Mening oʻy-xayolimni toʻsatdan kelib qolgan otamning tanish ovozi buzadi. Otamning savoliga javob bermaganimni uyga kelgach eslayman. Eh, nochor-nogiron bandalar. Tirik paytimizda ogʻiz koʻpirtirib «Oʻrgilayin, ona yurtim» deb koʻkragimizga urib maqtanamiz. Tashlandiq qabristonlarni biroz boʻlsa-da tartibga keltirishni esa oʻylab qoʻymaymiz. Ularning koʻpchilik qismi haydov yerlarga qoʻshilib ketgan. Har joy —har joyda yotgan traktorlarning soʻqalarini aytmaysizmi?

Talabalik ta’tili. Kun issiq. Jilgʻa tarafdan saygʻoqlab kelgan mollar qabristondan salqin joy izlab, shu yerga tezaklaydi. Bu yerni avvalgiday qoʻriqlaydigan odamning oʻzi yoʻq. Qabriston atroflari sigir va qoʻylarning tappi, qumaloqlari bilan toʻlib, tikanzorga aylangan. Echki bilan uloqlar yodgorliklarga suykalaverib yogʻlama qilib yuborgan. Quvray bilan beor erman yelvizakda behol tebranadi. Shu yerda yotgan marhumlar goʻyo menga mungʻayib, iltijo bilan boqayotganday..

Kun ortidan tun, umrlar suvday oqib oʻtmoqda. Ana Jumgʻal togʻlari koʻzga elas-elas tashlanadi. Saraton. Ovulda odatdagiday tirikchilik tashvishi. Uyda men, sutga toʻyib uxlab yotgan Qorachoʻtirning yalqov mushugi. Bitta qulogʻi kesilgan. Urfimizda yoʻq, begona koʻrinish.. Tashqarida, hovlining etagida onam teri oshlayotir. Toʻqsonga borib qolgan otam, odatdagiday, moʻylabini chiyraltirib, shudi ketib, budi qolgan etigini moylash bilan band. Esi-hushi joyida. Eshikka chiqib, otamni gapga chalgʻitmoqchi boʻlaman:
— Ota, — deyman va mast-alastlikka ruju qoʻygan elim, elatim toʻgʻrisida soʻzlab, maslahat soʻramoqchi boʻlaman. U kishi ixlos bilan tamakini nayaki qilib tutunini burqsitgan koʻyi boshini irgʻab: «Ona qizim, toʻgʻri aytasan..» deb ma’qullab qoʻyadi.
— Dunyoyi-dun deganlari shunday, qozonda boʻlsa, choʻmichga chiqarkan. «Oʻrnida bor oʻnglanar, oʻrnida yoʻq daf boʻlar» deganlariday. Qabriston ham ertayu-kech elning koʻz-qarogʻida boʻlishi kerak.
— Gul ekib qoʻysa boʻlmaydimi, — gapimni tugatmasdan turib otam fikrimni davom ettirib ketdi.
— Bolam-ey, bolam, «gul ekilsa, marhumlar qayta tirilib kelarmidi?» Sen gulni aytasan. Papka talashgan «otga minarlar» hech boʻlmaganda qabristonlarning atrofini yaxshilab toʻsib, muhofaza qilishga yaramagandan keyin, boʻyogʻi nima boʻlardi? Ular xalqning nonini «tuya» qilish bilan band. Ilgarilari epi yoʻqqa yoʻrgʻa mingazib, «rejani bajar, sut, goʻsht, jun beringlar» deb baqir-chaqir qilishardi. Hozir esa fikri-oʻyimiz bir nuqtaga qaratilgan. «Qanday qilsak, boy boʻlamiz?» Mana senga, bozor iqtisodining qirgʻizcha falsafasi. Qolgani bilan kimning nima ishi bor, — oqsoqol bir soniya oʻylanib qoldi.
— Men koʻz yumsam, sizlarning biror bir xotira oʻrnatishinglarni ham Yaratganning oʻzi biladi, — dedi otam hafagazak ohangda.
— Hammang oʻqiymiz deysanlar. Bu yerdagi qora kampir, sariq chollar qanday yumush bilan band ekanligini birortang aniq bilmaysan. Yilda bir marta kelishingdan nima foyda?.. Noming oʻchgur urush... Umrim hazon boʻldi.

Otam jangda daraksiz ketgan ukasini eslab ushkurib qoʻyadi...
— Ota, siz hali koʻp yashaysiz, — deyman koʻnglini koʻtarmoqchi boʻlib. — Undan koʻra, oqsoqollar toʻplanib, hech boʻlmasa, azada aroq ichmaylik deb aytsangizlar yaxshi boʻlarmidi? Millatimiz ruhiyatiga sira yopishmaydigan yangi urflar koʻpayib ketdi, — demoqchi boʻlaman gapni aylantirib.
— Obbo, qizim-ey, oʻttizga chiqsang ham bolalarday oʻylar ekansan. Oddiy toʻyni olaylik, kim oshdiga musobaqa qilib, toʻy-toʻrkin qilish odatga aylandi. Bola-chaqalarining usti yupun, kitoblari yoʻq. Eng yomoni, oʻzaro mehr-oqibat yoʻqolib, uning oʻrnini, sen aytganday har xil begona udumlar egallamoqda. Marhum uydan chiqarilmay turib, uning qarindosh-urugʻlari mast-alast. Ta’ziya bildiramiz deb kelgan odam bittadan shishani qoʻltiqlab keladi. Oxirgi vaqtlarda bittasi ozlik qilarkan deb, ikkitadan aroq koʻtarib borish rusum boʻldi..

Biz besh-oʻnta oqsoqollar toʻy-toʻrkinni, dafn marosimlarini tartibga keltirish masalasi boʻyicha ovuldoshlarni toʻplab kengash oʻtkazdik. Afsuski, bizni hech kim qoʻllamadi. «Oʻlganning ziynatini koʻmganda koʻrsatishimiz kerak» deb oyoq tirab turib olishdi.

Otam biroz tin olib, soʻzida davom etdi:
— Xullas mol soʻyish, azadorning hisobidan rulon-rulon yirtish, tarqatishga chek qoʻyamiz, deb yomon otliq boʻldik. Boʻtam, oʻzing bundoq oʻylab koʻr. Oʻsha yirtilgan barxit bir kiyimlikdan boʻlsa boshqa gap edi. Alam qilgani shuki, marhumning nomidan tarqatilgan yirtish bir parcha boʻlib, u rumolcha vazifasini ham oʻtamaydi. Agar oʻshalar oshib-toshib yotgan boʻlsa, matoning oʻrniga yetim-esirga, nochor oilalarga yordam bersin, oʻlik chiqqan xonadonni oyoqosti qilishdan qanday naf keladi? Oʻmonlik bilan yaxshilik hamisha yonma-yon yuradi. Besh panja teng emas, har kimning sharti har xil.
— Ota, ibratli ishni boshlabsizlar. Buni rahbarlarga yetkazish kerak.
— Gapingda jon bor. Choʻchiganim, suvni loyqalatganlar — zamonaviy boyvachchalar, qizim! Ular birovning soʻzini sariq chaqaga olmay qoʻygan.
— Hech boʻlmaganda azada, oʻlimda aroq ichishni toʻxtatish boʻyicha sizga oʻxshagan qariyalar qattiqroq tursanglar boʻlmaydimi! Axir, ovulda oqu qoradan xabardor mullalar boʻlsa kerak.
— Rostini aytsam, hozircha qishlogʻimizda tuzukroq mullaning oʻzi yoʻq. Sen aytgan chala mullalar elning orasida obroʻ-e’tiborini yoʻqotgan sobiq aroqxoʻrlar, alifni koʻrsatsang, hatto kaltak deyishni bilmaydigan eski faollar. Ularning ortidan odamlar erchib boʻpti..
— Oqsoqollar kengashi deganlari boʻlarmidi?
— Ilgarigi oqsoqollarning oʻrni boshqa edi. Hozir-chi, tamoman aksi. Yetmishga chiqqan qariya oʻn olti yoshli oʻsmir bilan ariqning boʻyida piyola urishtirib oʻtiradi-ku. «Mastdan jinni qochib qutilibdi» degan yangi naqlni eshitmagan ekansan. Mastlik hoʻl baloning oʻzi-ku! Mastlikning ortidan yuz berayotgan hodisalarni aytmaysanmi? Oʻgʻrilik avj oldi. Oʻsh-yalanglar qizlarni olib qochayapti. Koʻp oilalarga darz ketmoqda. Hay degani Ajo, qoʻy degani xoʻja yoʻq.
— Qishloqdagi yetakchilar qayoqqa qarayapti? Sudga berishmaydimi?
— Sudga, gʻisht qolipdan koʻchgandan keyin arzlanib borishadi. Gap ana shunday noxush voqealarning oldini olishda. Bolam, zamon tamoman oʻzgardi. Ota-onasini kaltaklaydigan farzandlar paydo boʻldi. Xalqimizning «Oʻshlikda bersin mehnatni, qariganda bersin davlatni» degan iboratomuz maqoli bor. Shuning uchun avvalo xolis niyat qil, oʻgʻil-qizingga oʻzing namuna boʻl. Niyating yoʻldoshing boʻlgandagina maqsadingga erishasan.

Shu payt tashqaridan kenja ukam chopib kirib otamga yuzlandi:
— Ota, sizni togʻalarim choy ichib ketsin, deb chaqirishyapti.
— Hamma gap tarbiyada, boʻtam! Xoʻp men togʻangnikiga boray. Sen onangga yordam ber.

Otam bilan boʻlgan oʻsha suhbat koʻpga qadar qalbimni oʻyqab yurdi. Ibrat, ishonch, yaxshi xulq-odobing bilan oʻzgalarga oʻrnak boʻlish izsiz qolmasligi aniq.

Qizart togʻlaridan sharqirab kelayotgan suv ilonday toʻlgʻanib oqadi. Bayostonning tegirmonidan berida bir nechta qabristonlar bor. Oʻsha yerdagi osma koʻprikdan oʻtgan odamni vahima bosadi. Qizartning anhori tezob, jarlik esa tippa-tik boʻlgani uchun tuproq yemirilib, qabristonlarga yetib kelgan. E’tibor berib qarasangiz, suvda oqarib yotgan marhumlarning bosh chanoqlari, suyaklari sizga qarab siljib kelayotganga oʻxshaydi. Ana shu suyaklar, bosh chanoqlar orasidan suzib chiqqan baliqlarni koʻrganingda tomogʻingga yongʻoqday nimadir tiqilib qolganga oʻxshaydi. Xuddi suv emas, suyaklari oqayotganday tuyuladi. Uxlasam koʻzimga faqat shular koʻrinadi. Bular balki bir kezlarda shu vohani dushmanlardan himoya qilgan pahlavonning boshi yoki oʻn gulidan bir guli ochilmagan bolakayning panjalaridir. Nima boʻlganda ham insonning soʻnggi manzili tuproq ostida. Kaftimizdagi tuproqni duo oʻqib tashlashdan kutgan maqsadimiz marhumga u dunyoda osoyishtalik tilash emasmi?!

Koʻrsichqon qabrning yonidan sakrab chiqib chor atrofni ziyrak kuzatadi. Yelinlarini arang koʻtarib borayotgan sigirning orqa tuyogʻi jajji qabrga botib qoldi.. Odatda, norasidalar vafot etsa yodgorlik oʻrnatmaymiz, «uchib ketadi» deb. Shu asnoda bolakay bilan birga uning hech kimga aytib ulgurmagan sirlari, orzu-armonlari qoʻshib koʻmilganligini biz kattalar xayolimizga ham keltirmaymiz. Qaniydi, hech boʻlmasa shu pokdomon, suqsurdek toza goʻdaklarning mozori oyoq-osti boʻlmasa...