OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifQamchibek Kenja
Asar nomiBaliq ovi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Qamchibek Kenja
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Baliq ovi (hikoya)
Qamchibek Kenja

Men birinchi sinfga qatnardim. Akam yettida oʻqirdi. Otam xoʻjalik mudiri edi. Uyimizga tez-tez mehmon kelib turardi. Har safar har xil kishilar: oriq, semiz, novcha, pakana, moʻylovli, moʻylovsiz... Ularning koʻpini tanimasam-da, oʻzimda yoʻq sevinib ketardim. Chunki mehmon kelsa, akam ikkimiz, albatta, baliq oviga joʻnardik. Qishlogʻimizning kunbotar tomonida toʻqay boʻlib, hali zovurlar qazilmagan, zaxob suvlar quritilmagandi. Katta-kichik buloqlarda, ayniqsa, Dimariqda (dimlanib oqqani uchun shunday deyilardi) baliq moʻl boʻlar edi. Suv koʻpayganda hatto toʻqay ichidagi sholipoyalarga ham baliq chiqib ketardi. Shanba-yakshanbada bu yerga bolalar toʻlib ketardiki, kim qarmoq koʻtargan, kim toʻr sudragan...

Men akamning baliq tutishini koʻrishga ishqiboz edim. U baliq ovlashga usta edi. Toʻrdayam, sanchiqdayam bir zumda bir paqirini ilintirardi. Hatto qoʻldayam. Suv ostiga shoʻngʻib, baliqlarni oʻz kamaridan tutib chiqardi. Hech narsadan, ilondan ham qoʻrqmasdi. Ilon koʻrdimi, tamom, uni dumidan ushlab aylantirib-aylantirib otib yubormaguncha koʻngli joyiga tushmasdi. Qirgʻoqda kulcha boʻlib, mudrayotgan ilonlar sharpamizni sezdi deguncha jilib qolishar yo oʻzlarini suvga urishardi.

Oʻrtoqlarimning havasi kelar, men kerilib, «akang Qaragʻayning akasi shunaqa», deb koʻkragimga urardim. Bolalar chuvillashib akamning izidan ergashib yurishar, undan ilon ushlab koʻrsatishni soʻrab, yalinib-yolvorishardi. Akam koʻpincha ularga yoʻq demasdi. Bunday vaqtda bolalar akamning qoʻlidagi ilonning havoda doira yasab, chirillab aylanishini uzoqdan, bir-birining pinjiga kirishganicha, qoʻrqa-pisa tamosha qilishardi. Ilon oʻttiz-qirq qadam nariga shaloplab tushgach, oʻshayoqqa chopishar, sulayib yotgan gazandaning oʻlganiga ishonch hosil qilishgandan soʻnggina unga yaqinlashishardi. Bironta yuraklisi (u ham iloji boricha oʻzini orqaroqqa olib) ilonning dumiga hadiksirab qoʻl uzatardi. Shundan keyin boshqalar, men bir aylantiray, men bir ushlab koʻray, deb talashib ketishar, soʻngra murosaga kelishib, toʻqay oʻrtasidagi keng chimzor maydonda navbatma-navbat, kim uzoqqa otar oʻynardilar.

Akam ularga qoʻshilishimga ruxsat bermasdi. Birpas oʻksinib turardim-u, akam sayoz joyga, quruqlikka irgʻitgan zogʻora baliqning jon holatda sapchib-sapchib tushishini, suvning chuqurroq yeriga intilishini, tangalarining oftobda yalt-yult qilishini koʻrib, arazni esdan chiqarardim. Keyin akam tol yo yulgʻindan kesib bergan ilmoqli chiviqqa baliqlarni tizib, sholipoyalarning ensiz polida langarsiz dorbozlarday lapanglab, akam qayoqqa borsa, orqasidan koʻtarib yurardim. Koʻp oʻtmay bolalar suvni shaloplatib yugurib kelishar va yana xarxashasini boshlashardi. Akam tagʻin ilon qidirib ketar, lekin endi uni ushlab, bolalarni quvib qolardi. Ularning har yoqqa tiraqaylab qochishini koʻrib, qotib-qotib kulardim.

Oʻshanaqa paytlarda men juda yayrab ketardim. Shuning uchun ham mehmonning qorasini koʻrishim bilan irgʻishlab, poxol yoyadigan kattakon ayri yogʻochga ipdan toʻqilgan kichkinagina, bir kishilik toʻr turadigan baland soʻriga chopardim. Akam boʻlsa, menga xoʻmrayib, biqinimga sekingina bir musht tushirar, takaga oʻxshab irgʻishlama, deb jerkib berardi. Popugim pasayib, koʻzimni yengim bilan ishqalagancha indamay uyning orqasiga oʻtib, oʻtirib olardim. Birpasdan keyin akamning oʻzi chaqirardi:
— Kom! Toʻrni ol, ketdik.

Toʻrni yelkamga tashlab, akamning oldiga tushardim.

Bilaman, baliq ovlash akamning joniga tegib ketgan. Shuning uchun eshikdan begona tovushni eshitsa peshonasi tirishardi. Ammo, toʻqaygacha sust borardi-yu, suvga tushdi deguncha hamma narsani unutib, ishga jon-jahdi bilan kirishib ketardi. U baliqni mehmonlarning soniga qarab tutar, chamasiga yetmaguncha suvdan chiqmasdi.

Mehmonlar odatda uchta-toʻrtta boʻlib kelishardi.

Koʻpincha ularni otam oʻzi boshlab kirar, biroq otamning yoʻgʻida ham kelishaverardi. Faqat bir kishi hamisha otam bilan kelardi. Faqat shu odamgina menga yoqmasdi. Gavdasi besoʻnaqay, rangi sovuq, chaqchaygan koʻzlariga qarashga yuragim dov bermasdi. Moʻylovi ham boshqalarnikiga oʻxshamas: labining ikki chetida osilib turardi. U menga doim hissiz, dagʻal ovozda: «Ha, Qoravoy, yuripsanmi», deb qoʻyar, peshanamga tushgan kalta, tartibsiz pat-sochimni qoʻyning junini chamalab koʻrganday gʻijimlab, erkalagan boʻlardi. Boshim zirqirab, koʻzlarimdan yosh chiqib ketay derdi. Lekin sir boy bermas, gapiga ham javob qaytarmay, yerga qarab turaverardim. Keyin u qizlarning mayda sochiday ingichka oʻrilgan va uchi bogʻichli qilib tugilgan, yulgʻin sopi yiltillab ketgan qamchinini: «Ma!» deb uzatardi. Men uni ayvon ustunidagi mixga ilib qoʻyardim. Baliqdan keyin palov ham yeyilib boʻlgach, u meni chaqirardi: «Qoravoy, qani, qamchinni opke-chi». U panjalari orasidan sizib tushayotgan yogʻni qamchin dastasiga surtib-surtib, yana menga qaytarib bergach, kaftini charm etigining qoʻnjiga ishqalay boshlardi. Soʻng tovoqqa choy quyardi-da, aylantirib-aylantirib bir koʻtarardi va xoʻrda ichganday xoʻrillatib, simirib yuborardi. Hammasidan ham uning baliq yeyishini tomosha qiladigan edi. U baliqni koʻp va juda tez yer, biroq kam nushxurt chiqarardi. Nima balo, qiltanogʻini ham yutib yuborarmikin, deb hayron boʻlardim.

Men otamning yonida oʻtirib, uning baliqni oshalab yeyishini hayrat bilan kuzatar, ayrim xatti-harakatlarini koʻrganimda boshimni otamning panasiga egib, sekin kulib olardim. Kekirganida hiqildogʻi oʻynab chiqar, uchi ingichka va uzun moʻylovlari baliq qiltanogʻiga ilashib hadeb ogʻziga kirib ketar, u chaynashdan toʻxtamagan holda bosh barmogʻi bilan chiqarib qoʻyardi.

Dasturxonga fotiha oʻqishgach, otam: «Qani, Komronbek!» derdi. Mehmonning orqamdan: «Shu oʻgʻlingiz epchil, chaqqon, uloqqa tushadigan yigit boʻladi-da», deganini eshitib, qadamimni tezlatardim. Baliqxoʻr kishining oti darvozaxonamizda turardi. Egar qoshiga ilingan qora, yiltiroq korzinkani bir sakrashda olib, zum oʻtmay otamga yetkazardim. Otam pishirilmasdan olib qoʻyilgan baliqlarni qogʻozga oʻrab unga joylashtirardi. Men esam qamchinni olib, gʻizillanimcha otni darvozaxonadan koʻchaga yetaklab chiqardim.

Akamning-ku, uni koʻrishga koʻzi yoʻq edi-ya, hatto opam ham: «Yana kepti baliqxoʻr kishi», deb qoʻyardi. Oʻchoq boshidan jilmaydigan onam xursandmi yo xafami — buni bilolmasdim, toʻgʻrisi, endi eslasam, qiziqmagan ekanman. Faqat bir marta opam gʻudranib tandirga oʻt qoʻyayotganida uning: «Qovogʻingni och, Salomat, otang sezib qolsa, hali hammamizni qaqshatadi, u otangning xoʻjayinlaridan», degani qulogʻimga chalingan.

«Baliqxoʻr» biznikiga oxirgi safar kelganida taxminan erta bahor edi. Qattiq kelgan qishning hali zahri ketmagandi. «Baliqxoʻr kishi» birinchi marta koʻpchilik bilan keldi. Sheriklari ham oʻziga oʻxshagan qorindor-qorindor-u faqat moʻylovlari yoʻq edi, xolos.

Otam mehmonlarni katta uyga joylashtirib, tezda hammamiz tiqilib oʻtirgan dahlizga qaytib chiqdida past ovozda ish taqsimlay ketdi:
— Onasi, darrov suyuq oshga urin, qoʻy yogʻidan koʻproq toʻgʻramchilab, jazla. Salomat, baland soʻridagi uzum, anordan olib tush, qovundanam, eski chakmonga oʻrab qoʻyganman. Keyin qoʻshnilardan qatiq top, koʻproq, ha, saryogʻam. Boʻla qol, oyogʻingni qoʻlingga ol. Komil, ukangni boshla toʻqayga. Moʻlroq tutib kelinglar. Sudralmay ildamroq qimirla.

Akam angrayib otamga, keyin koʻzlarini moʻltillatib onamga qaradi.
— Shunday sovuqda-ya?.. — Onam akamdan koʻz uzmay, yurak yutib, ammo jur'atsizgina shunday dedi.
— Hech narsa qilmaydi, toʻrda ovlashadi. Ataylab baliqxoʻrlikka kelishgan. Qani, nonni opke, choyni tezlashtir! — Otam onamning oldiga bordi-da, uning qulogʻiga bir narsalar deb shivirladi. Bu gap onamga yoqmadi shekilli, peshanasini tirishtirdi.

Akam hamon joyidan qimir etmas, koʻzlarini oʻchoqda guvillab yonayotgan olovga qadagancha kiprik qoqmay turardi. Oʻsha paytda uning xayolidan nimalar kechgani menga hozirgacha qorongʻi. Katta uyga kirib ketayotgan otam qoʻlini eshik tutqichiga uzatgancha toʻxtab qoldi, kifti osha akamga qaradi va ancha silliqlashgan to-vushda: «Issiqroq kiyinvol, oʻgʻlim»... dediyu nigohini tezda qayirib, shahd bilan tutqichga yopishdi. Lekin ichkaridan eshikni ohista va zich yopdi. Nazarimda, u eshikka suyanib bir oz turib qolganday tuyuldi.

Chovgumdan choynakka qaynoq suv quyayotgan onam: «Shu paytda zarilakanmi?.. Kimga nima qaygʻi... Sal kun iliganda kelishsayam boʻlardi, toʻqayga oʻt tushib, baliq qirilib ketmasdi...» deb gʻudrandi. Keyin u bizga zoʻrlab ikki piyoladan issiq choy ichirdi, qalin kiyintirdi.

Toʻgʻrisi, shu paytda baliq oviga mening ham hech borgim yoʻq edi. Akam oyogʻiga ilashgan tosh-kesaklarni jahl bilan tepib ketar, oʻzicha mingʻirlar, men qunishgancha uning orqasidan indamay toʻr sudrab borardim.

Ariqlarning boʻylarida, marzalarda koʻklam nishonasi — yalpizlar bodroq-bodroq boʻlib chiqa boshlagan, baqalarning «vaq-vaqa»si avjida, chimzorlardagi kuzda oʻt qoʻyib kuydirilgan ajriqlarning tomirlaridan chiqqan yangi, koʻm-koʻk giyohlar yer bagʻridagi hayotning qaytadan jonlanganidan dalolat berardi. Soʻppaygan qovjiroq qamishlar izgʻirinli koʻklam shamolida bir-biriga urilib, noxush ovoz taratardi. Ikki labi koʻkarib qolgan Dimariq hali hech kim va hech nima loyqalatib ulgurmagani uchun tip-tiniq, bilinar-bilinmas, mayin chayqalib yotardi. Suv ostida onda-sonda mayda-chuyda baliqlar koʻzga tashlanib qolardi.

Akam Dimariqning torroq joyiga toʻr soldi. Men ariqning teparogʻiga borib, uzun kaltak bilan baliqlarni hayday boshladim. Suv bir zumda qop-qora boʻtanaga aylandi. Akam toʻrni koʻtardi. Havoda bir necha mayda chavaq yalt-yult etdiyu choʻlp-choʻlp qilib suvga gushib ketdi. Qaytadan toʻr soldik. Bu safar irimigayam bironta ilinmadi.
— Hali baliqlar kamaridan chiqmapti, — dedi akam toʻngʻillab.
— Endi nima boʻladi?
— Nima boʻlardi, kamarga tushaman-da.
— Sovugʻ-u aka, sovqotmaysizmi?
— Nima qilaman? Baliq topib borish kerak.

Akam otamning gapini ikki qilmas, boshlagan ishini, albatta, oxiriga yetkazardi. «Falon narsa bitmay qoldi» yo «yoʻq ekan» deganini bilmayman. Bunday boʻlishiga otam yoʻl qoʻymasdi ham.

Yana bir marta urinib koʻrganimizdan keyin akam toʻrni qoʻriqqa otib yuborib, yechina boshladi. Akamga Dimarikdagi, umuman, toʻqayning hamma buloq va ariqlardagi baliq kamarlari besh qoʻlday ma’lum edi. U ariqning chuqurroq joyini, baliqning kamarini moʻljallab shoʻngʻidi. Suv tiniq boʻlgani uchun uning harakatlari aniq koʻrinardi. Toʻgʻri borib poʻsti qolmagan, suv yalab oʻtayotgan yapasqi tol toʻnkasi ostiga qoʻl suqdi. Amfibiya odamday suv ostida har zamonda oyoqlarini siltab, muallaq holda ancha turib qoldi, keyin orqasiga tisarilib, suv betiga otilib chikdi. Uning ikki qoʻlida bir yarim-ikki qarich keladigan ikkita zogʻora baliq tipirchilardi. Akam baliqlarni qirgʻoqqa irgʻitib yana shoʻngʻidi. Keyin yana... Aftidan, ulgurji baliq topib olganidan u ham oʻzida yoʻq xursand, sovuqni ham unutgan edi. U har gal baliqni menga tashlayotib «nechta boʻldi» deb soʻrardi-yu, lekin javob kutmay shoʻngʻib ketardi. Oʻn beshtaga borganda akam suvdan chiqdi. Badani qorda ishqalanganday qip-qizarib ketgan, dagʻ-dagʻ qaltirar, tishlari bir-biriga tegib takillardi.

Uyga yetguncha yugurgilab keldik. Akam dahlizga kirdiyu oʻzini sandalga urdi. Onam: «Bechora bolam-ey», deb uning yuzlarini, koʻkraklarini, qoʻllarini ishqaladi, issiq choy ichirdi, ustiga yakandozlardan tashladi, sandalga yana ikki xokandoz choʻgʻ soddi. Akam sovqotib ketyapman, junjikib ketyapman, deb bir oz yotdiyu uxlab qoldi.

Baliqni opam ikkalamiz ayvonda tozalab berib turdik, onam qovurishga tushdi. Otam tayyor boʻlganini peshma-pesh ichkariga olib kirib ketardi. Mehmonlar juda hursand: xoxolashar, ayniqsa, «baliqxoʻr kishi»ning kulgisi momaguldirakday uyning derazalarini zirillatib yuborardi.
— Boʻronbekning oʻgʻli qishda muz teshib boʻlsayam baliq tutib beradi, demadimmi sizlarga!
— Otasining oʻgʻli-da! Mard, ulfat odamning farzandiyam mard, ulfat boʻlishi kerak-da!
— Ha, hamma gap otasida.

Qiziq gap boʻlmasa ham qiyqiriq, kulgi koʻtarildi.
— Mana endi bundan bu yogʻi baliq sayli, — yana «baliqxoʻr kishi»ning ovozi eshitildi. — Qachon desanglar kelaveramiz, xoʻjalik mudirimizni hamisha eshigi ochiq.

Mehmonlar qorongʻi tushganda qoʻzgʻalishdi Eshik taraqlab ochilib, ostonada «baliqxoʻr» koʻrindi. U chayqalib ketishdan oʻzini arang tutib turar, qulochini kerib, ikki qoʻli bilan eshik kesakilaridan mahkam ushlab olgandi. Uning pashsha qoʻnsa sirgʻalib ketadigan silliq boshida ter yaltirar, goʻshtdor, qora yuzlari choʻgʻday qizarib, koʻzlarining oqi jigarrang tusga kira boshlagandi.
— Kelin! Rahmat... Ammo baliqni zoʻr qovuribsiz. Bu... bizzi qahramon koʻrinmaydi?.. Ie, uxlab qopti-da, ha, mayli, damini olsin...

U ehtiyotkorlik bilan qadam tashlab sandal yoniga keldi. Engashmoqchi boʻlgandi, azbaroyi toʻyib ketganidan egilolmadi. Amallab qoʻlini akamning jagʻiga yetkazib, erkalagan boʻldi.
— Shovvoz yigit, botir yigit... Oʻgʻildan xoʻp berganda sizlarga... Mana shu Komilbek bor deb kelamizda biz... Yashavorsin, azamat. Baliqni zoʻridan tutibdi. Maza qildik...

Mehmonlardan biri uni qoʻltigʻidan suyab tashqariga boshladi.

Bu paytda onam oʻchoq oddida boshini xam qilganicha yuzini yarim yashirib turar, otam esa pishirmay olib qoʻyilgan baliqlarni qora korzinkaga joylash bilan band edi.

Mehmonlar telva-teskari bosishib koʻcha tomon yurishdi. Pichan yeyayotgan otlarini timirskilanib arang yechishdi-da, suvligʻini ham solmay egarga yopishishdi.

Ot tuyoqlarining «taqa-tuq»i anchagacha eshitilib turdi.

Qaytib kirganimda uyning derazalari lang ochiq, onam ogʻzini doka roʻmol bilan toʻsib olib, dasturxonni yigʻishtirardi.
— Komron, manavi savil qogʻur shishalarni yoʻqot koʻzimdan nariroqqa! — deb qichqirib qoldi u menga.

Xona dimiqib, papiros tutunlari shiftning toʻsinlari orasida siyrak bulutga oʻxshab suzib yurar, taxir, achimtir, qoʻlansa ta’mlar, baliq hidi, nos isi aralash-quralash boʻlib ketgandi.

Uyni tozalab boʻlib pechkani qaytadan yoqdik-da, Uning yaqiniga joy qilib, akamni uygʻotdik. Onam:

«Tur, tur oʻgʻlim, ichkariga joy solib qoʻydim, issiqqina, kirib yot», deb elanar, akam boʻlsa uning gaplarini eshitmaganday nuqul: «A, a, nima?»... derdi. Xullas, uni bir amallab turgʻazdik. Lekin u karaxt odamday joyidan jilmas, qovoqlarini zoʻr bilan kerib ochgan koʻzlari yumilib ketardi. Onam uning tirsagidan tutib ichkariga boshladi. Akam oʻringa kirdiyu ustiga koʻrpani tortdi. Onamning: «Choy ichib olmaysanmi, ovqat yesang-chi», degan iltijolari javobsiz qoldi.

Otam mehmonlarni kuzatib qaytganida biz hammamiz akamning boshida oʻtirardik. Onam uni koʻrdiyu tutoqib ketdi:
— Qaysi goʻrda qoldingiz? Yoʻq yerdan baliq topib siylaganingizam yetardi-yu, uylarigacha oborib qoʻydingizmi?! Bola qiynalib ketdi! Doʻxtir topib kelish kerak!

Qamchinni etigiga urib kelayotgan otam taqqa toʻxtab, onamga gʻazab bilan tikildi, lekin koʻzlari nursizlanib rangi oqarib ketgan edi. Keyin shitob kelib akamning yoniga choʻnqayib, kaftini uning manglayiga qoʻydi.
— Komil! Komiljon!

Akam javob bermadi. U qisqa, ammo tez-tez nafas olardi. Otam onamga yuzlandi:
— Ovqat-povqat yedimi?!
— Tuz totgani yoʻq, bolam shoʻrlik, — deya javob berdi onam yigʻlamsirab.

Otam chiqib ketdi. Koʻchada ot tuyoqlarining tasir-tusiri eshitildi.

Opam akamning oyoqlarini uqalab, piqillab yigʻlar, onam esa uning peshonasiga oq durrachani qayta-qayta hoʻllab bosar, men nima qilishimni bilmay bir chekkada ularning xatti-harakatini, onamning holatini kuzatib oʻtirardim. Onam har zamonda: «Voy, onaginang oʻrgilsin-ey, voy tomogʻingga qiltanoq tiqilgurlar-ey, biror safar baliq yemay ketishsa nima qilardi-ya, badani yonyapti buni, qoʻlni kuydiradi-ya», deya uf tortar, akam boʻlsa oʻzi bilan oʻzi ovora boʻlib, isitma bilan olishar, alahlardi. U xayolida nuqul menga gapirardi: «Komish, topdim! Baliqning konini topdim! Ikki qarichli sazan... Ol! Ushla, suvga tushib ketmasin!.. Nechta boʻldi?.. Hozir, hozir chiqaman...»

Qachon, qanday uxlab qolganimni bilmayman. Ertalab tursam, akam endi tinchib orom olayotgan ekan. Kechasi doktor kelib ukol qilibdi, xavfli emas, sal sovuq oʻtibdi xolos, deb ketibdi. Chindan ham akamning isitmasi pasaydi, ozroq ovqat yegan ham boʻldi. Lekin baribir alahsirayverdi. Hammamiz uning atrofida parvona edik. Ayniqsa, otam oldidan bir qadam ham jilmadi, desam boʻladi. Oʻzi majburlab ozgina sholgʻom shoʻrva, issiq choy ichirdi. Ustini birday oʻrab turdi. Bir-ikki marta kipriklarida nimadir yiltillaganini koʻrib qoldim. Hammasidan ham opam ikkimizni «siz»lagani gʻalati tuyulardi. Gʻayrati terisiga sigʻmaydigan, chapdast va jangari odam bir kecha-kunduzda choʻkib, xasta, siniq qariyaga aylanib qoldi. Nazarimda, bir soatda bir enlik etidan tushayotganday edi.

Onam boʻlsa, kun boʻyi qovogʻini ochmadi. Har zamonda oʻzicha gʻudranib qoʻyardi.

Akam kunduzi tez-tez bezovtalanib yotdiyu kechga borib isitmasi yana koʻtarilib ketdi. U oʻqtin-oʻqtin qaltirab-titrab ketar, lablari pirpirab uchib-uchib qoʻyar, tilini chapillatib tamshanardi. Alahsirashi kuchaydi. Uzuq-yuluq gaplaridan xuddi nimanidir quvalayotganday, kimdandir najot kutib, madad soʻrayotganday boʻlardi. Yarim kechaga borganda tinchib uxlab qoldi. Shundan keyin biz ham yotdik.

Qattiq dod-voydan uygʻonib ketdim. Onam bilan opam akamning ustiga yotib olishganicha hoʻngrab yigʻlashar, otam bir qoʻlida akamning jagʻini ushlab, ikkinchi qoʻli bilan hadeb uning qovoqlarini ishqalar, «hiq-hiq» qilganida yelkalari titrar, ikki koʻzidan shovullab yosh quyulardi. Men avvaliga hech narsaga tushunmay angrayib qarab qoldim. Keyin yuragim sovuq bir narsani sezib, akamning ustiga oʻzimni tashladim. Muk tushgancha, tushunibmi-tushunmaymi, uzoq yigʻladim. Oʻzimni tutolmas, nimadir meni yigʻlashga majbur qilardi. Lekin baribir bola edim-da. Bir ozdan soʻng akam esimdan chikdi. Hovlimizga kirayotgan odamlarning koʻpligini koʻrib ogʻzim ochilardi. Hatto toʻyimda ham buncha odam kelganmas, deb oʻylardim oʻzimcha.

Otam gangib qolganday, kim gapirsa oʻshaning ogʻziga Qarardi. U nuqul meni bagʻriga bosar, yonidan jildirmasdi.

Biz otam bilan darvozaxonamizda turardik. Ba’zilar otamni quchoqlab yigʻlashar, birov soʻrashib, boshqasi bosh qimirlatgancha indamay hovliga oʻtib ketardi.

Bir mahal kelayotganlar orasida «baliqxoʻr kishi koʻrinib qoldi. Men hozir sochimdan tortqilaydi, deb oʻzimni otamning orqasiga yashirdim. Agar qoʻl choʻzadigan boʻlsa shartta qochib ketaman deb moʻljallab turdim. Lekin u menga e’tibor ham bermadi. Hatto boshini ham koʻtarmasdi. Otamning oldiga kelib toʻxtadi-da, bir nimalar deb pichirladi. Men faqat «bandachilik-da, bandachilik...» deganini eshitdim. Ota teskari oʻgirildi...

Oʻshandan beri baliqni koʻrsam seskanib ketaman.