OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Qamchibek Kenja. Toshqin (qissa)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifQamchibek Kenja
Asar nomiToshqin (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Qamchibek Kenja
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm139KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/30
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
«Шарқ юлдузи» журнали, 2010 йил, 3-сон


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Toshqin (qissa)
Qamchibek Kenja

I

Voqea yuz bergan kunning ertasiga ajralishmoqchi boʻlishdi. Butunlay. Shundoq, ixtiyoriy ravishda. Albatta bunday qarorga darhol kelishgani yoʻq, balki qariyb yigirma yillik umr masofasini bosib oʻtishgandi.

Aytgancha, qahramonlarimiz «Orzumandlar» qissasini oʻqigan kitobxonlarimizga tanish. Oʻsha asarda «Shavkatning togʻasi Rustam qayligʻi Risolatni ana shunday toshqinlarning bir galgisida beshafqat toʻlqinlar oʻz domiga tortmoqchi boʻlgan vahshiy girdob qa’ridan olib chiqqan» degan jumla bor. Qissa xotimasida mavzuga keyinroq qaytish borasida andak shama ham qilib oʻtilgan edi, biroq men Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi safarlari va ular haqida xotiralar yozish bilan andarmon boʻlib, boshqa ijodiy yumushlardan ancha yiroqlashib qolgandim. Soʻnggi voqeani eshitgach, sobiq qahramonlarim bilan qiziqdim. Qudrat (Rustamning pochchasi) nomzodlikni bir amallab himoya qilibdi. Toshkentdagi qaysidir ilmiy-tekshirish institutida ilmiy xodim ekan. Togʻasi bilan Tegirmonboshida yashayotgan Shavkat oʻrta maktabni bitiriboq ota-onalari Qudrat va Habiba yoniga joʻnabdi. Politexnika universitetida yaxshi oʻqigan ekan, oʻsha dargohga ishga olishibdi. Rustam oʻzimizga kel, deb ancha oʻtinibdi, ammo dadasi «Qishloqda oʻsmaydi, oʻsadigan muhit ham yoʻq» deb, koʻnmabdi. Habiba, garchi ukasiga achinsa-da, erining fikrini yoqlabdi. Shavkatning oʻziga ham bir vaqtlar moslasholmagan shahar hayoti yoqib, togʻasi, kelin ayasidan uzr soʻrabdi, ozroq ishlab koʻraychi, balki keyinroq viloyatga qaytarman, deb, ularni ovutibdi. Risolatning ikkinchi homilasi, uchinchi, toʻrtinchilari ham boʻyidan tushib ketibdi, qisqasi, bolalik boʻlisholmabdi. Juvon ruhan ezilganidanmi, yuragi oʻqtin-oʻqtin bezovta qila boshlagach, yoz oylarini Qoradaryoning oʻrmon bilan tutash sohilida oʻtkazishga kelishishibdi. Kech kuzdan koʻklamgacha hamma uy-uyida boʻlib, uncha bilinmaydi, yozda esa koʻcha toʻla bola... Risolat ularga qarab eziladi. Buning ustiga xotin-xalaj kechqurunlari hovlilari orqasidagi xoda-oʻtirgʻichga qaldirgʻochday terilib, laqillashga tushishadi. Ularning ikkidan bir gapi oʻgʻil uylash, qiz chiqarish, kim sandigʻiga nima sep tashlagani xususida boʻladi.

Shunga qaramay, boshda Risolatni unatish ancha qiyin kechibdi. U bir dugonamni boshiga yetgan, oʻzimniyam narigi dunyoga olib ketishiga bir bahya qolgan oʻsha yovuz daryoga tikilib oʻtiramanmi, deb ancha taysallabdi. Rustam: daryoning u yillardagi vajohatidan, dahshatidan asar ham yoʻqligini bilasiz-ku, eng asosiysi, doʻxtirlar aytganday, iqlim almashtirish uchun uzoq joylarga borolmaymiz, bunga sharoit ham, imkoniyat ham chatoq, daryo boʻyi esa qulay, ham uyimizga juda yaqin, istagan paytda kelib ketaveramiz, deb arang xoʻp degizibdi. Rostdan ham tepada suv ombori qurilgach, daryoning eni bir chaqirimdan ziyod oʻzanining uch-toʻrt yerida egri-bugri shaldirama soylar hosil boʻlgan, faqat koʻklamda, yomgʻir mavsumida bir oz koʻpayardi-yu, burungiday pishqirib, koʻpirib, qirgʻoqlarga xavf-xatar solib oqadigan suv odamlarning tushiga ham kirmay qoʻygan edi. Rustamning u yoqqa intilishining boshqa sababi ham bor edi – keyingi mahallardagi uning asosiy mashgʻuloti, tirikchilik vositasi baliqchilik edi. (Boyaqishning hunari, kasbi, durustroq ilmi ham yoʻq-da). Kuz, bahor oylarida, hatto qishda ham toʻr, qarmoq, savat kabi vositalar bilan baliq tutib sotardi. Yozda, baliq ovlash ta’qiqlangan pallalarda bu borada bir muncha qiyinchiliklar, muammolar tugʻilardi. Shu jihatdan moʻljaldagi maskan ayni muddao – daryoning oʻzidan tashqari oʻrmon ichidan oqadigan irmogʻi ham juda ovbop edi. Eng muhimi - sohilda ota «meros» uycha bor edi. U salgina ta’mirlansa bas, vaqtincha yashashga bemalol yarardi.

Kulba oʻrmon boshlanib, daryo oʻzani qiyalab ketgan «chigʻanoq»da joylashgan, hudud suvga serob, namchil qayirligi bois, maysa-giyohlar to mezon oxirlarigacha yashil libosini yechmas, havo moʻ’tadil edi. Subhi sodiqda yorugʻlik ne’matini, yorugʻ dunyoni koʻrish saodatini oʻzaro suyunchilashib, bu bebaho xushonlar zavqi-sururidan gʻofil bandalar olamini ham bahramand etishga oshiqqan sergak, xushnavo qushlar xonishi avjiga minardi. Soʻngroq yer uzra asta koʻtarilib chiqadigan quyosh nurlari narigi qirgʻoqdagi mirzaterak, koʻkterak yaproqlarida qirmizi tusda tovlanib, gʻaroyib manzara kasb etardi. Daryoning ul yuzida yashovchilar suvsiz oʻzanning ancha qismiga ham tol, teraklar ekib yuborishgan, ayollar, yosh kelinchaklar, qizlar ana shu dov-daraxtlar orasidagi yolgʻizoyoq yoʻldan shaldirama boʻyiga tushishardi-da, choʻnqayishgancha, idish-tovoq yuvishar yo paqir, obdastalarda suv opchiqib ketishardi. Daraxtlarning siyrakroq uchlari orasidan xiyla olisdagi, bir zamonlar alamnok amirzoda Zahiriddin Bobur toʻriq oti jilovidan tutib, parishonxayol kezingan baland-past Andijon adirlari xususan tiniq tonglarda palagi yigʻishtirib olingan polizda dumalab yotgan qirqma qovunlar kabi yaqqol koʻzga tashlanardi. Mashriq tomondan sarin yellar toza togʻ nafasini ufurib kelardi. May oyining boshlaridan shingil-shingil, qalampirmunchoqsimon jiyda gullarining mushk-ifori yeru osmonni tutib, atrofdagi bor jonzotning bahri-dilini ochib yuborar, xuddi ana shu kunlarning choshgohlarida hatto suvilonlarning ham bemisl oʻtkir hiddan mast boʻlib, soʻqmoq chetlarida xiragina chipor tangalarini quyoshga solib, taltayib yotganini koʻrish mumkin edi. Oʻzandagi soylarning toshdan-toshga urilib, sharqirab oqishi, ayniqsa, tunlari judayam maroqli eshitilardi. Jilgʻasimon oqimlar mavjida balogʻat pallasidagi oymomaning tanho, uyalib titrabgina choʻmilishi, baliqlar bilan quvlashmachoq oʻynashlari yanada oʻzgacha rohat bagʻishlardi kishiga. Bu goʻzal holatlarni Bunin, Prishvin, Paustovskiy kabi tabiat tasviri mohirlari koʻrganida yoqa ushlab, ta’rifga soʻz topolmay qolishlari, Levitanga oʻxshagan musavvirlar esa kapa tikib, bearmon moʻyqalam surishlari tayin edi.

Bir xonalik uy yonida uch tarafi ochiq ayvon boʻlib, tunu kun gʻir-gʻir shabada arimaydigan oʻsha oromgoh supasida atrofni tomosha qilib oʻtirish bagʻoyat huzurbaxsh edi. Kechasi ichkarida, ilon yo boshqa gazanda kirib olmasligi uchun eshikni zichlab berkitib yotishardi. Oʻrmonda ahyon-ahyonda tulki bir dam uzun, paxmoq dumini namoyish etib, koʻzdan gʻoyib boʻlardi, tovuq yoʻqligi bois, uy tevaragida oʻralashib yurmasdi. Oʻn-oʻn besh qadam naridan oʻtgan, ikki labini yashil qiyoq, kulrang yalpiz bosgan irmoqda esa suvkalamush – qunduzlar chopir-chopir qilib suzib yurishar, ba’zan qirgʻoqda ham koʻzga tashlanib qolishardi. U chaqqon jonivor tasodifan yo jahli chiqqanida biron yeringizni tishlab olishi mumkin-u, harqalay xavfli emas. Shunday boʻlsa-da, Risolatga hamroh, ermak deb, mushuk boqishdi. Kalta dum, kesma quloq sariq koʻppak Qaytmas esa doim ular bilan birga edi.

Asli u yerni oʻrmon deb atash ham nojoizroq. Chunki maydoni uncha katta emas – oʻn besh-yigirma gektarning nari-berisida, mulki – boyligi esa asosan mirzaterak, tolterak, baqaterak, ancha-muncha qaragʻay, zarang va yovvoyi jiydadan iborat edi. Shuning uchun mahalliy aholi Oʻrmoncha deydi. Bir vaqtlar inson yurishga qiynaladigan qalingina, fayzligina edi, viloyat oʻrmonchilik xoʻjaligi qorovul qoʻyib, oylik berardi. Rustamning otasi shu vazifada uzoq yillar ishlagan. Mustaqillik arafasidagi boshboshdoqlik davrida, gaz yoʻq, chiroqning yonishidan oʻchishi koʻp, qishloq ahli ikki qishda qiyratib tashladi. Odamgina emas, mashina, traktor ham bemalol bu yogʻidan kirib, u yogʻidan chiqib ketaveradigan qarovsiz siyrak daraxtzorga, bolalar qoʻy-mol boqadigan oʻtloqqa aylandi. Yanayam, tol, jiyda beor narsalar ekan, qancha sindirib, kesib ketilsa ham, yonidan, tagidan oʻsib chiqaverardi. Chakalak bosib yotardi. Rustam chopib, qirtishlab, sal epaqaga keltirib qoʻydi. Yon dala fermeri oʻz yeriga qoʻshib olish payiga tushib qoluvdi, u hamon oʻrmonchilik xoʻjaligi hisobidaligini aniqlagach, koʻz olaytirmay qoʻydi. Rustam oʻz xohishi bilan maoshsiz, tekinga qarab turishini aytganida, xoʻjalik rahbariyati undan juda xursand boʻldi. Rustam esa goʻyo shu bilan ancha-muncha noqonuniy baliq ovlashini oʻzicha oqlamoqchi edi.

Qoradaryoda suv bilan birga baliqlar turi, miqdori ham kamayib ketgan, asosan shim, oq amur, soʻzanbaliq (usach), mayda choʻrtan, zogʻora baliq boʻlib, bular ichida serobrogʻi shim (ba’zi shevalarda «shum») bilan oq amur edi. Lekin suv toza, hidsizligi uchun Qoradaryo va uning irmogʻidagi baliqlarning goʻshti boshqa joylardagiga nisbatan ancha shirin, xushta’m, shu sababli xaridorgir edi. (Aslida bu suv osti erkatoylari chuqur oʻzanli daryolarda toʻp-toʻp boʻlib yashaydi, lekin yaqin-atrofda unaqa soy yo anhor boʻlmagach, bechoralar nima qilsin, qayga borsin!)

«Shikor»ga asosan kechasi, jonivorlar yemish izlab izgʻiydigan mahalda chiqishga toʻgʻri kelardi.

II

Rustam haftada bir-ikki bozorga qatnar, oʻrmondagi qarib qurigan yo shamol belidan choʻrt uzib yuborgan daraxtlarning shoxlarini butab, kesib-maydalab kelardi. Soʻng er-xotin, biri oʻt yoqib, biri qozon kovlab, kichkina dekchada ikki kosagina mastava yo bir choʻqimgina osh pishirishar, ovqatdan soʻng koʻk choyni oʻgirib, u yoqdan-bu yoqdan gaplashib oʻtirishardi. Diqqatpazlik, asabiylashish kam, birov ularning mushugini pisht, itini ket demas, oʻzlari xohlaganicha, bamaylixotir umrguzaronlik qilishardi.

Ha, aslida ular hayotlaridan nolishmasa ham boʻlardi. Risolat erdan yolchigan, Rustam esa eng ulugʻ, moʻ’tabar orzusi – sevganiga yetishishdek tolega erishgandi, bu tole, saodat unga sadoqatli hamroh va hamdam edi. Faqat, bir kam dunyo deganlaridek, chaqaloq yigʻisi va kulgusiga zorlik keyingi paytlarda oʻrtaga soya tashlay boshladi. Shugina bir kemtik, shugina oʻkinch ikkalasining yuragiga vasvasa solayotgandek, har ikkisini oxir bir kun asosiy yoʻldan, hayot soʻqmogʻidan chalgʻitadigandek tuyulaverardi. Qoʻni-qoʻshni ayollar va yana kimlarningdir achingannamo, nazarida, hatto, istehzoli qarab qoʻyishlarini, Risolatning goʻyo oshkor etolmayotgan, iymanish, andisha yoʻl bermayotgan oʻpka-ginasi, nadomatini ham sezib-sezmaslikka olar, toʻgʻrirogʻi xayolidan oʻtkazardi. Anavi, rafiqasinining qizlik paytidagi xushtori bir davrada: «Gap soxt-sumbatdayam, telva kuchdayammas. Risolatning umrini bekor oʻtkazyapti, u yaxshi qiz edi...» – deb otgan qora chaqir tosh yuragiga yomon botib, tinchi, oromini yoʻqotdi. Esladi, qaltiroq bosardi. «Raqibi»ning Toshkentdan kelganini eshitsa, xezlanib, kechqurunlari koʻchalarni aylanib yurdi, lekin hech xilvatroq joyda toʻqnashishmadi. U oilasiga birov bilan mushtlashmaslikka soʻz bergan, shuning uchun oʻsha oliftaning kekirdagini ikki barmogʻi bilan qisib, chakki aylanadigan urgʻochi tilini koʻrib qoʻymoqchi edi, xolos. Sekin-asta gʻazab alangasi pastladi. Kesak qisgan, pakana alamidan, kuyganidan desa degandir-da. Bir hisobda... ehtimol boshqasiga tegsa farzandlik boʻlarmidi... Yo u yaramas, nomard oʻzi koʻz tikayotganmikin-a? Yoʻgʻ-ey, oʻlibdimi, xotini bilan munosabatlari juda yaxshi deyishadi, oʻgʻil-qizlari bor. Lekin odamzodning siyratini bilish qiyin. Balki ayolining ham hamon unga mayli bordir. Axir oʻn yil bir sinfda oʻqishgan, eng bebaho yoshlik davrlarini birga oʻkazishgan. Darvoqe, Asqarning Risolat esdalikka hadya etgan, sahifalari ichiga «A.A.+H.R.» harflari yozilgan «Yoshlikda bergan koʻngil» kitobini haliyam asrab-avaylab yurishi qulogʻiga chalinganda dilida yana gʻulgʻula gʻimirchilab, buni ham anchagacha unutolmay qiynalgan.

Xullas, oʻsha kuni gapni bir joyga qoʻyishdi. Ular bir-birlarining koʻngliga tegishmagandi, keyinchalik birga kechirgan farahli damlarini qoʻmsashlarini taxmin qilishardi. Ikkinchi turmushidan ichi chiqmay, koʻz ochib koʻrgani bilan qayta topishib ketgan er-xotinlar kammi? Shuning uchun yuz koʻrishmas boʻlib ajralishni ikkisi ham xohlashmasdi. Ikkovi ham bir-birlarining armon va iztiroblarini anglagan, his-tuygʻularini qadrlagan, oʻzaro omad, baxt tilagan holda, ayol er xonadonini tark etadigan boʻldi.

Rustamning sanoqligina choʻpqatlari, mijozlari, eshitib yo surishtirib keladigan baliqxoʻrlar bor edi. U oʻljalarini zarurat tugʻilgandagina bozorga eltib, pishirib sotadiganlarga ulgurji oʻtkazib kelardi. Voqea yuz bergan, er-xotin ajrashishga ahdlashishgan oqshom Rustam koʻproq baliq tutib, ertasiga shaharga bormoqchi, sotib, puliga Risolatga sovgʻa-salom olib kelmoqchi edi (lekin bu niyatini xotiniga bildirmagandi). Oʻsha oqshom, tabiiyki, uning ham, ayolining ham kayfiyatlari nosoz edi. Rustam kuni boʻyi garangsiganday oʻylanib yurdi, xayolidan koʻp narsalar, deyarli yigirma yillik hayoti, hatto uylanmasdan avvalgi oshiqi beqaror chogʻlari ham bir-bir oʻtdi. Qayerda qiz-juvonlar toʻplanib turishgan boʻlsa, oʻshalar orasidan Risolatni qidirardi. Toʻylarda u yaxshi koʻrinadigan joyni chamalab, mevalarini bolalar ship-shiydam qilib qoʻyishgan olmagami, behigami suyanib, oyoqlarini chalishtirganicha, moʻltayib tikilgani-tikilgan edi. Oʻziyam seviklisini chamanzordagi yagona atirgulday, koʻzining qirida tanirdi. Risolat bezori (qizlar Rustamni shunday atashardi)ning «eb qoʻygudek» qarayotganini payqasa, «goʻlaymay oʻl, koʻzing teshilgur...», deya pichirlab, shartta yonboshiga oʻgirilib yo nariroqqa jilib olar, lekin ikki-uch daqiqa oʻtib-oʻtmay «bezbet, andishasiz» yigitni yana roʻparasida koʻrib ensasi qotardi. Shunday kezlar gohida Risolat ikki-uch dugonasini yetaklab, toʻyxonadan chiqib ketishni ma’qul koʻrardi. Rustam surlik qilib ularning izidan tushar, buni sezgan qizlar ohuday hurkishib, qadamlarini tezlatishar va oʻzlarini duch kelgan darvozaga urib, koʻzdan gʻoyib boʻlishardi. Mulzam xushtor oʻsha yerda, biron daraxt panasida shumshayib kuta-kuta, soʻljayib qayta boshlar, shunda orqasidan «qiqir-qiqir» kulgi eshitilar, lekin endi izzat-nafsi ogʻrigan yigit ularni quvalashdan oʻzini tiyardi. Hozir oʻsha tentakliklarini oʻylasa, Risolatning oldida yerga kirib ketguday uyaladi, undan qayta-qayta kechirim soʻraydi. (Risolat ham uning xurmacha qiliqlaridan gʻashi kelib, zada boʻlganlarini aytib berar, ammo soʻkib-qargʻaganlari haqida indamasdi). Yaxshiyamki, boshqalarga – tengqur, kattaroq yigitlarga qoʻllaydigan noma’qulchiliklari – atayin yelkasi bilan turtib oʻtish, baqirib-chaqirishlarini qizga nisbatan ishlatmasdi. Aksincha, Risolatning qorasiga nigohi tushishi bilan qadamlari oʻz-oʻzidan sustlashib, yovvoyi kuch koʻpchitib turgan tomirlari, mushaklari dami chiqib ketgan sharday boʻshashardi. Asqar bilan bir-birlariga yov qarash qilib yurishardi. Toʻy va boshqa yigʻinlarda Rustam gap kovlashtirib, janjal qoʻzishga urinar, lekin Asqar undan yosh boʻlsa ham, ogʻir-bosiqligidanmi yo choʻchirmidi, hartugul gʻijinish, piching-kesatiqlardan oʻt chiqmasdi. Keyin u oʻqishga ketvordi-yu, qizdan quruq qoldi. Oʻzidan koʻrsin, olifta, pandavaqi...

* * *

Zotan, ajralish borasida avvallari ham er-xotin oʻrtasida hazilmi-chin ishoralar boʻlib turardi-yu, har gal Rustam mavzuni boshqa yoqqa burardi. Koʻpincha taklif Risolatdan chiqardi. U onalik baxtiga muyassar boʻlolmaganidan ham koʻra, Rustamga otalik saodati, iftixorini ato etolmaganiga koʻproq kuyunar, xijolat chekardi, chunki u aybni oʻzida deb bilardi. Tabiblarga, doʻxtirlarga koʻrinishdi, ularning tavsiyalariga binoan koʻp davolanishdi, biroq samara yoʻq edi. Farzand har ikkisiga ham juda zarur edi. Shavkat borligidayam uncha sezilmasdi, u poytaxtga ketib, Sanobar xola olamdan oʻtgach, huvillashib qoldi. Rustam xotinini oʻylab, toʻr sudrashga ham qiziqmay qoʻydi. Pulga zoriqishsa qoʻshnining qizlaridan Risolat bilan birga oʻtirib turishini iltimos qilib, daryoga yoʻl olardi. Biroq bunday paytlarda soat millari juda shitob aylanayotganday, betoqatlanib, ovi moʻljaliga yetmasa ham, tezroq qaytib yuborardi. Shunaqa mahalda Rustamga farzand, ayniqsa oʻgʻilning qadri oʻtardi. Koʻpgina bolalar Rossiya, Qozogʻiston, boʻlak xorijiy mamlakatlarda ishlab, dollar joʻnatishib oila boqishyapti. Rustamlarning dastlabki goʻdagi oʻlmaganida hozir yigirmaga kirib, u ham ishga yaraydigan azamat yigit boʻp qolardi. Boshqa yoqqa borib pul topib kelishining hojati yoʻq, otasiga qarashib, unga hamdast boʻlsa bas edi. Risolat ham shu fikrda edi. «Bechoraga juda jabr, hamma ishga bir oʻzi... – deb mulohaza yuritardi u. – Bir qora koʻz «qoʻchqor» tugʻib berganimda yoniga kirardi, jilla qursa, savatini jildirishib, paqir-maqirini koʻtarishib yurardi...» (Oʻgʻillari boʻlganda, balki umuman savat, paqir orqalab, bemahallarda suv kechib izgʻishga ham toʻgʻri kelmasdi).

«Aqalli bir qizaloq koʻrganimizda... – koʻnglidan oʻtkazardi Rustam, – uyda onasiga qarashib, uning yolgʻizligini bildirmasdi». Risolatning kunduzlari ham zerikib siqilishini (aksiga olib, hovlilari ham uncha katta emas edi), kechalari u ovdan yo biron izdihomdan kelguncha yuragi dukillab, koʻzi toʻrt boʻlib oʻtirishini yaxshi bilar, shuning uchun qayerdan boʻlsa ham barvaqtroq jilishga oshiqardi. Ayniqsa, davrada ayollar haqida har xil gap ketgan chogʻlarda paytavasiga qurt tushib, bezovtalanib qolardi. Baliqchilik qishloq sharoitida odamni boy qiladigan kasb emas, undan keladigan daromad kundalik tirikchilikni tebratishga uchma-uch yetadi, xolos. Daryoda suv oz, baliq kam... Qolaversa, sal qoʻri bor yoshlarni demasa, boshqalar barakasi yoʻq, bir yeyishlik narsa, goʻsht oʻrnini bosmaydi, unga yana oq yogʻ (oʻsimlik moyi) ham ketadi, deb, baliqqa uncha qiziqishmaydi. Har zamonda istab-soʻrab keladiganlardan tushadigani nimayam boʻlardi. Keyin, yakka odam qanchayam baliq tuta olardi? Xullas, farzand yoʻqligi har qadamda, har taraflama sezilib turardi. Ajralishga esa Rustamning hech koʻzi qiymas, judolikka chidolmayman, deb qoʻrqardi. Buning qator asoslari bor edi, albatta. Avvalo u noxush bir tasodif, favqulodda hodisa bahonasida yetishgan qalbining chirogʻi, uyining farishtasi – malikasini hamon ilgarigidek yaxshi koʻrar, uning diliga ozor yetkazib qoʻyishdan mudom oʻzini ehtiyotlab yurardi. Kelin esa zavji muhtarami xohish-irodasiga hech qarshi bormas, u bilan talashib-tortishmas, roʻzgʻor kamchiliklaridan, boshqa yetishmovchiliklardan zorlanavermas, hech kimga hasrat qilmas (bunaqasi, ayniqsa, hozirgi zamonda kamdan-kam uchraydi), ichi kulmasa-da, sirtdan mumkin qadar jilmayib turishga tirishardi. Kuyoviga kir ust-bosh kiydirmasdi. Har doim bet-qoʻliga suv tayyorlab beradi, ta’bi tusagan taomni vaqtida muhayyo etadi. Shar’iy jihatdan ham risoladagiday ish tutadi... Shuningdek, ular nikoh ahdini buzishga sabab boʻlayotgan omil tufayli bir-birlariga suyanib qolishgan edi. Xullas, hech mubolagʻasiz ahil yashashardi (xonadondagi gʻalva-nizolarni, kelishmovchiliklarni, odatda, aksariyat jigarbandlar, ularning ota-onanikiga zid dunyo¬qarashlari, erkalik yo injiqliklari, poyonsiz orzu-havaslari, bad fe’llari keltirib chiqaradi-da). Bundan tashqari, Risolatning koʻch-koʻroni bilan borib oʻtiradigan joyi ham chatoq – ota hovlilarida akasi bilan kelinayasi bir etak jujuqlari bilan oʻzlarini arang eplab kun koʻrishadi. Risolatning eri bilan inoqligidan koʻngli toʻq ogʻa onasining hujrasiga ham qizlarini joylab qoʻygan edi, singlisi uchun alohida uy-joy tiklab berishga uning qurbi yetmas, bu ish Rustamning ham qoʻlidan kelmas edi. Boshpana hal etilgan taqdirda ham, bir-umr kelinayasi, jiyanlarining qosh-qovogʻiga qarab kun oʻtkazish qiyinligini Rustam ham, Risolatning oʻzi ham yaxshi anglardi. Garchi Risolat «siz yana uylanib koʻring, men ming marta roziman», desa-da, aslida ajralishga qat’iy harakat qilmayotgandek tuyular, bir vaqtlar uni toshqin balosidan, naq ajal changalidan ajratib olgani uchun oʻzini qarzdor, burchli deb bilib, nima boʻlsa ham, to haydab yubormaguncha shu odam bilan yashashim, uning xizmatini oʻtashim kerak, deb oʻylamayaptimikin, degan ishtiboh ezardi Rustamni. Bu haqda Risolatning oʻzidan soʻramoqqa ogʻiz juftlar, ammo shundoq ham koʻngli yarim ayolning yarasini tirnab qoʻyishdan choʻchirdi. Risolat esa toshqinni bot-bot eslar, pushti panohidan oʻla-oʻlguncha minnatdorligini ta’kidlar, uning soʻzlari juda ham samimiyga oʻxshardi.

* * *

Rustam qat’iy qarorga kelguncha, toʻgʻrirogʻi, xotinining maslahatini yoqlab, rozilik bildirguncha bu masala oʻzlari oʻrtasidagina emas, boshqalar ishtiroki, aralashuvi, taz¬yiqida ham koʻp bora muhokama etildi. Rahmatli qaynona kelinini joni-dilida koʻrardi, chunki Risolat ham uni oʻz onasiday e’zozlar, yuziga tik qaramasdi. «Mashvarat»larda Sanobar xola koʻpincha sukut saqlar, keyinroq oʻgʻli bilan yolgʻiz qolishganda ixtiyorni uning oʻziga qoʻyar, lekin gap orasida Risolatday ogʻir-bosiq, esli juvonni topish qiyinligini, unga achinishini ham qistirib oʻtardi. Qishloqqa har zamonda bir keladigan opa – Habibagina uzil-kesil ajralish tarafdori edi.

– Bittagina oʻgʻilsan, men birovning xasmida, boshqa familiyadaman, sendan keyin nasl-nasabimiz yoʻqolib ketadi-ku, – deb Rustamni qisdi-qafasga olardi. – Namuncha undan koʻngil uzolmaysan, hamma xotin bir xotinu, pushti kuygan, tugʻmas ilm-amal bilan xushingni ogʻdirib, tilingni boylab olganmi deyman?! Yaxshiyam u senimas, sen uni qutqarvolgansan!..

Rustam betini sidirib, shifokorlarga qatnashganini aytishga jazm etadi.

– Doʻxtirlar...

Habiba uning gapini tilidan uzib, yoqasiga yopishtiradi.

– Buni faqat Xudo biladi, yo doʻxtirlaring Xudodanam zoʻrmi? Ular aytishaveradi. Ana, Toshkoʻchadagi nechchi yil tirnoqqa zor boʻlib yurishgan Surob bilan Marziya satang boshqa roʻzgʻor qilib, ikkalasiyam bolalik boʻlishibdi!

Risolat qaynopasining tashrifidan bezillardi. «Opa-opa»lab, izzat-ikromini joyiga qoʻyishga tirishsa-da, Habibaning zimdan noxush qarashini, u toʻgʻrida ukasiga bir nimalar deb sannashini koʻngli sezib turardi.

Pochchasi Qudrat aka tushungan odam-da, «Opangiz gapiraveradi, farzandsiz yashayotganlar bir sizlarmas, yaxshi xotin – asil xotin. Hozirgi bolalar ota-onasiga nima karomat koʻrsatishyapti?» deb, Rustamga taskin berardi. Habiba esa ajralishga dalil boʻladigan vajlarni oshirib, qalashtirib tashlardi. Rustam jigarining avlod xususidagi kuyi¬nishlarida jon borligini tan olar, oʻsha paytda ikkilanar va opaning da’vatiga moyilligi kuchayardi-yu, oradan bir kun oʻtib-oʻtmay yana shashti pasayardi. Risolatning ohuniki kabi himoya izlab, shafqat tilayotgan chiroyli, ma’suma koʻzlariga nigohi tushishi bilan ajralishga oid xayollari parday toʻzirdi. Kim avval, kim keyin – Xudo biladi, lekin... Agar Risolat yolgʻiz qolguday boʻlsa, bu uyda holi nima kechadi? Keksayadi, kasalga chalinishi bor... Boshi yostiqqa teksa kim qaraydi?.. Akasinikida boʻlsa, har qalay, bir tugʻishgani-ku, xor qilib tashlab qoʻymas axir. Balki, birontasiga... Rustam shunisini oʻylasa, darhol aynirdi. Oʻzi bilan shuncha yil bir yostiqqa bosh qoʻygan suyuklisini boshqa bir kimsaning qoʻynida tasavvur etsa, a’zoi badani titrab, ichi yonaboshlar, koʻzlarini qattiq yumib, pastki labini qonatguday tishlar, ba’zi paytlarda jazavasi tutib qolardi. Agar Risolat yonida shunday hol roʻy bersa, darhol undan uzoqlashib, toʻr yamash, oʻroq charxlash kabi yumushlar bilan oʻzini chalgʻitish payiga tushardi. Juvonning dilidan ham «boshqa bir erkakka tegib koʻrsam nima boʻlarkin», degan xayol kechishi mumkinligi haqidagi farazdan esa yanada battar iztirob chekar, dunyo koʻziga qorongʻi koʻrinib ketardi. Ammo hayotning shunday achchiq va lekin temir qonunlari borki, bandasi ularni oʻzgartirishga qodir emas, boʻysunmaslikka ham chora topa bilmas. Haqiqiy erkak esa haqiqat yuziga mardona qarashi, uning shafqatsiz, odilona hukmidan boʻyin tovlamasligi lozim. Ayol kishini farzandli – baxtli qilolmadingmi, taqdirga bosh eg-da, mushtipar-bechoraning oʻz toleini yana bir bor sinab koʻrishiga izn, imkon ber! Yaxshi koʻrgan odamingning eng ulugʻ, eng tansiq orzusi ushalishini nahotki xohlamasang? Nahotki, oʻshanday jonajoning shodligini oʻz quvonchingday bilmasang, u bilan qoʻshilib sevinolmasang?.. Lekin Rustamning oʻzi-chi? U kim bilan qoladi, ogʻrib-netsa, kim unga gʻamguzor, hamdard boʻladi? Birgina ilinji Shavkatdan edi, u ham Toshkentda qoldi. Oʻsha jiyanini uylab olishsa, kelin, ularning bolalari bilan ovunib yashashaverarmidi... Balki opasi aynan shuning uchun ham oʻgʻlining qishloqqa qaytishini istamagandir...

Ha-a, oʻzingnikimas-da... Bir hisobda yoshlarning kelajagiga toʻgʻanoq boʻlish ham insofdanmas. Lekin opasi aytganday, boshqa birovni Risolatga oʻxshata olishiga Rustamning koʻzi yetmasdi. Risolat ham oʻzga bir erkakning yelkasini silashni zinhor istamasdi. Agar akasining oʻgʻil-qizlariga yaxshi gapirib, koʻnglini ovlasa, ular ham oʻz farzandiday qovushib ketishi mumkin. Rustam ham Risolatning shunday yoʻl tutib, jiyanlarining mehrini qozonishiga ishonardi, axir u tili shirin, muloyim juvon-ku. Buni Rustam xotiniga ham shama qiladi. Oʻzining yana uylanib koʻrishi haqida esa, lom-mim demaydi. Risolat gap aylantirsa, ma’yus bosh chayqaydi.

– Yoʻq, Risolat, yaxshi koʻrmay turmush qurish qiyin boʻlsa kerak. Men faqat sizni yoqtirganman.

– Axir erkak boshingiz bilan yolgʻiz oʻtirolmaysiz. Xotin kishining yoʻrigʻi boʻlak – kirini oʻzi yuvadi, oziq-ovqatini oʻzi pishirib, qozon-tovogʻini oʻzi yuvadi, yirtiq-yamogʻini oʻzi tikadi, – derdi Risolat sidqidildan. – Olamda yaxshi ayol koʻp...

– Risolat...

Bu ism – soʻz ifodasi, ohangida iltijo, oʻkinch, minnatdorchilik, achinish – bari mujassam edi, buni Risolat ham dil-dildan his etardi.

– Siz juda yaxshi insonsiz, Rustam aka...

– ...

– Meni yaxshilik bilan eslab, sogʻ-salomat yurishingizni xohlayman.

– Men sizni baxtiyor qilolmadim.

– Unaqa demang, peshonamizga yozilganini, nasib etganini koʻrmay ilojimiz yoʻq. Ehtimol, bu ikkovimizga Yaratganning imtihonidir.

– Boshqa har qanday sinovga chidashga roziydim... – Rustam mijjalariga sizgan namni bosh barmogʻining orqasi bilan kishi bilmas siypalab, oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Risolat unga yondoshib, choʻka boshlagan yelkalariga yengil titrayotgan kaftlarini bosdi.

– Tavba deng, Rustam aka, yaxshi yashadik... – Ayolning koʻzlaridan dumalagan yosh erining yoqasiga tomdi. U chuqur entikib, soʻlish oldi. Xotiniga mehri tovlanib, uni ogʻushiga tortdi-da, suyukligim, azizam, yoʻq, seni hech kimga bermayman, deganday mahkam quchdi. Ayol baquvvat bilaklar qisuvidan malollanmadi, balki qoniqish tuydi. Qani endi shu shafqatli, qaynoq bagʻrga singib ketsa, undan sira, hech qachon ajralmasa... Juvonning anor yuzini panogohi – keng, alpona koʻkrakka bosib, koʻzlarini yumib turishida shu istak, shunday ma’no zohir edi. Risolat uchun shu paytda orzu-havas, huzur-halovat, farzand, umuman hayot mehribon, muhabbati zoʻr erining koʻksidan, uning qalbi taftidan, badanining haroratidan iborat, najot esa beliga yoqimli botayotgan va tobora jipslab tortayotgan kuchli qoʻllarda edi. Rustamning shunday mahalda boz alangalanadigan ehtirosi chorlovi, undoviga Risolatning royish hissiyotlari tortinibgina mayl etib, oʻsha ehtiros ila qovushib-qorishib, imdod olmoq, tobe boʻlmoq, ikkala vujudni ham qizdirib kuydira boshlagan otash-olovni pasaytirmoq ishtiyoqida mavjlanib talpinar, mahzun shahlo koʻzlar nurlanib, qimtilgan gʻuncha lablar qati qiya ochilib, oʻzlarini bagʻishlamoqqa hozirligidan pinhona dalolat qilardi... Ikkisi ham olamni, uning barcha tashvishlari, gʻamlariyu kemtiklarini, bor armonu nadomatlarini unutishar, shunday yashayverish mumkin-ku, degan yoqimli, umidbaxsh xayoldan tasalli topishardi... Ajabki, aynan yurakni ziqlab, dilga gʻashlik soladigan ajralish muammosiga oid musohaba, muhokama nihoyasi ana shu tarzda, ana shunday xotimada toʻxtaydi. Keyin anchagacha bu mavzuni qayta qoʻzgʻashga hech kim botinolmaydi, istamaydi. Oʻrtada bir sabab koʻndalang boʻlmaguncha umr oʻz maromida davom etadi.¬

* * *

Quvonchu qaygʻu hamisha yonma-yon yuradigan yorugʻ jahonning odamzotga muruvvatidan koʻra ranju ozorlari bisyorroq. Yoshlikda-ku uncha emas, yosh oʻta boshlagach, ayol ham, erkak ham koʻmakchiga, hamrohga, hamdardga muhtojlik seza borishi sir emas. Axir jamiki yer usti, suv osti jonivorlari, hatto yovvoyi, vahshiy hayvonlaru darrandalar ham gala-gala, toʻp-toʻp boʻlib yashaydi-ku. Bir paqir suvgayam, bir tutam oʻtingayam er yoki xotin oʻzlari yugurgan paytlarda, bir gʻoʻlani arralashga toʻgʻri kelganda yana sherik, yordamchi – farzandning oʻrni bilinadi. Mehmondorchilik va boshqa yigʻinlarda oʻgʻil-qizlar haqida gap ketsa, Rustamning yuragi uvishib, chaynagani boʻgʻzida qolardi. Bola yetaklab borayotgan ayolni koʻrsa gʻalati bir qiziqish uygʻongandek boʻlib, darhol oʻzini chalgʻitishga harakat qiladi. Koʻchada bola bilan, bolasiz yurgan qiz-juvonlarning hech biri Risolatga mengzamasligi, uning oʻrnini bosolmasligini oʻziga pesh keltirib tetiklashadi. Uylari tomon qadamini tezlatadi. Xotinining qora koʻzlariga nazari tushgach, xotirjam tortib, koʻngil tubida gʻimirlagan havas niqobidagi nojoiz xayol uchun xijolat chekadi-da, nigohini olib qochadi. Ammo baribir qachondir bir qarorga kelishi zarur edi. Axir umrbod ikkilanib, mujmallanib, arosatda yashash azob-ku. Keyin, Rustam Risolatni qanchalik yaxshi koʻrmasin, qanchalik qizgʻonmasin, tili boshqaga uylanmayman, demasin, miyasining bir chekkasida «ehtimol, opam aytganday, doʻxtirlar ham yanglishayotgandir, oʻzimni boshqa bilan sinab koʻrsam, qanday boʻlarkin», degan mulohaza ham yoʻq emas edi. Balki Risolat ham undan ajrashiboq, birontasining etagidan tutib ketar. Erkak koʻzi bilan yoqtiradi, biroq u sirli xilqatning erkakka nima uchun, qanday koʻngil qoʻyishini anglash amri mahol. Halvoday yumshoq, toshyongʻoqday qattiq va jumboq xotin zotining qalbini zabt aylamoqqa ba’zida bir ogʻiz shirin soʻz, bir dona gul yoki bir ma’qul hatti-harakat kifoya qilishi mumkin. «Maqtovdan suyulmaydigan, xushomadni chinakamiga inkor etadigan ayol hali tugʻilmagan», deydi shaharda ishlaydigan bir joʻrasi. Rustam-ku koʻchadagi gaplarga ishonavermaydi, hammasi birday boʻlishi mumkinmas, oʻylardi u ichida. Masalan, Risolati aslo unaqamas. Ammo butoqda kurtak boʻlsa, albatta bir kun nish urishi rost. Ishtiyoq ham shunga oʻxshagan narsa.

Xullas, Rustam otasiyu akasi oʻrnidagi yagona togʻasiga dil yordi. Risolatning yigirma yildan beri «beting qursin» deydigan bir ish qilmagani, buning onasini biron marta ranjitmaganini, faqat u, garchi sezdirmaslikka urinsa-da, goʻdak hidiga yuragi ezilayotganini, shifokorlarning xulosalarini yashirmay (ayb ikkisidayam borligini), ochiq aytdi.

– Bunaqa chigal ishda birovga yoʻl koʻrsatish mushkul, jiyan, – dedi andishali, mulohazali togʻa. – Koʻpga maslahat sol, oʻz bilganingdan qolma, deydi xalq. Oila – nozik, injiq soha. Bir etak bola bilan kunda qirpichoq boʻlib yashayotgan yo ozor-bezor boʻlib ketayotgan er-xotinlar ham koʻp. Dunyoda befarzand bir senmiding?! (Pochchasi ham shunday devdi). Ammo aqlli insondan bir narsa qolishiyam kerak: yo ilm, yo hunar, yo zurriyot. Shu jihatdan opang haq. Kelinni fikri qanday?

Rustam kalovlandi. «Bu fikr oʻshandan chiqqan» desa, togʻasi nima xayolga boradi?

– Avval koʻnmay yurdi. Haydayapsizmi, deb xafayam boʻldi. Men sizni keyiningizni oʻylayapman, oʻzimga qolsa ajralgim yoʻq edi, deb tushuntirdim.

– Bola boqib olsanglar-chi?

– Bunga ikkalamizniyam ragʻbatimiz yoʻq. Chunki u «zuvala» kimniki boʻladi, zoti qanaqa... Risolat akasiga gap uchirib koʻrdi – qizlaringizdan bittasi biznikida yurib tursa deganday... Kelinayang bilan maslahatlashaylik-chi, deganicha jimib ketdi. Xotini unamadi shekilli. Tashlandi, birovga berib yuborilgan bolani... men yaxshi tushunmayman. Pusht bulgʻangandan koʻra... Hafiz aka esingizda bormi, asrab olgan oʻgʻli oʻzini osib qoʻyib, qanchagacha tergov berib yurgan. Hozir bolani narxiyam oshib ketibdi...

– Mayli, tagʻin bir tanangga oʻylab koʻr. Ajralish oson – bir ogʻiz kalima, tamom, lekin mustahkam oila qurish qiyin. Keyin, Parvardigor bogʻlagan rishtani banda uzolmaydi, yana, taqdirlaring biladi.

Risolatning ham akasidan oʻzga yaqin qarindoshi yoʻq edi. Unga qolsa, singlisi tugʻadimi, tugʻmaydimi, tushgan yerida toshday qotib oʻtirgani yaxshi. Eridan chiqsa, unikidan – ota joyidan boshqa boradigan makoni bormi? Unga-ku, ogʻirligi tushmaydi, ogʻirligi tushgan taqdirdayam qovoq chimirishga haqqi yoʻq, axir nima boʻlsayam, yolgʻiz singil, musulmonchilik nuqtai nazaridan ham unga qanotini ochish – burchi. Qolaversa, onasi: shu, Risolat bironta tugʻib olmadi-da, bolasiz oilaning rishtasi moʻrt boʻladi, qattiqroq bir tortilsa, uzilib ketadi. Sen – ota oʻrnidasan, koʻz-quloq boʻlib turgin. Meni hujramni buzvormagin, biron kor-hol yuz bersa, singling kelib oʻtiradi, deb koʻp tayinlardi. Avvalo oʻsha kor-hol yuz bermasin, yuz bersa, jigarchilik, qarab turarmidi, koʻchirib keladi-da. Ammo oʻrtada «viji-viji» qilib quloqni yeydigan, muhabbati, tamannosi bilan, bular ish bermasa, moʻltoni-kashmiriligi yo muttahamligi bilan har qanday erkakni poxol bovliqday eshib, qoʻgʻirchoqday pildiratib yuboradigan xotin degan bir kas bor...

III

Mash’um toshqingacha, toʻygacha Risolatning hayoti butunlay boʻlakcha kechgan edi. U mutaassib dindorlar xonadonida tugʻilgan boʻlib, Yaratgan egam goʻzalligu latofat bobida karamiyu qudratini qizdan ayamagan edi. Oʻrta boʻydan tikroq, boʻlimligina. Kipriklari zich, qora qoshlari xuddi ona qornidayoq farishtalar tomonidan terib qoʻyilganday – me’yoriy enlikda, uchlari bir oz egilgan, mang¬layi ham risoladagiday – keng ham, tor ham emas, burni, iyagi nafis, xullas, qaddi-qomatiyu yurish-turishidan hatto ashaddiy hasadgoʻy ayol ham qusur topolmay qiynalardi. Ayniqsa, shu zamonda juda noyob va tansiq hodisa boʻlgan bir oʻrim, soniga uradigan toʻsday qop-qora sochi boʻyiga juda yarashib, xiyol boʻrtik boʻksasi uzra yengil silkinardi. Aslida tabiatning bu in’omidan Risolatning oʻzi u qadar mamnun emas edi. Uzun soch oʻrimi deyarli urfdan chiqqan, orqaga tashlab, har xil nazarlarni jalb etishni xushlamasdi ham. Maktabda oʻgʻil sinfdoshlarning tegajoqligidan bezillab, uyda ish bilan mashgʻul paytlarda boshi orqasiga kulcha qilib, oʻrab-chirmab olar, ammo hadeganda tushib ketaverib zeriktirardi. Ota-onalarining tazyiqidan qoʻrqib kestirmas, uzun sochni esa, paxmaytirib yoyib yurib boʻlmas, bunga uydagilar yoʻl qoʻyishmasdi ham.

Risolat maktabda yaxshi oʻqirdi, ertayu kech kitobga yopishaverganidan hadiksiragan ona uni barvaqt bir chevarga shogird qilib berdi. Maktabni bitirgan chogʻda institutga oʻqishga kirishdan soʻz ochib koʻrdi, volidai muhtarama: oʻzingga yarasha ilming, hunaring ham bor, hadislarda qiz bolaga eng yaxshi kasb chevarlik deyilgan, baribir otang koʻnmaydiyam, deb shashtidan qaytardi. Xonadonda otaning gapi – gap, unga e’tiroz bildirish rasm emas edi. Yakka qizligiga qaramay, oilada Risolatga ham ortiqcha erk berilmasdi.

Onaizor nuri diydasining chehrasi ochilmay qolganidan tashvishlanib, gapning uchini chiqaruvdi, er unga bir hoʻkiz qarash qildi. Odamning jon-jonidan oʻtguvchi bu qarash ham javob, ham dashnom edi. Otaning tarbiya usuli shundoq edi – urmay-soʻkmay jon sugʻurardi. Ismi Halim esa-da, fe’li halim emas edi. U «qiz degan narsa»ning notanish joylarda yolgʻiz, nazoratsiz yurishi gʻurbat keltiradi xolos derdi. Boshqalar-chi, degan mulohazaga «bu hammaning shaxsiy ishi, har kim oʻzi javob beradi, ammo farzand nomai a’moli uchun ota-ona mas’ul», deb, yana qator hadislarni qalashtirardi. Allohdan «Ey Parvardigoro, shu ojizamizni egasiga, bir moʻmin-musulmonga topshirgunimizcha, oʻzidan koʻpayib, tinib-tinchiguncha menga umr ber», deb tilardi. Afsuski, niyatiga yetmadi, duolari ijobat boʻlmadi.

Risolat chevarchilikka, bichish-tikishga mukkasidan tushib, uydan chiqmay qoʻygani uchunmi, oyday yuzi zahillasha boshlaganday tuyulardi. Aslida buning boisi bosh¬qa edi.

* * *

Risolatga xaridor koʻp edi, lekin ularnikiga sovchilikka hamma yurak yutib boravermasdi: xalq Halim qorini oʻzi ham, ostonasi ham qattiq, deb bilardi, oqsoqol ham gʻoʻrasha loyday elga aralashavermasdi.

Halim qori hovlisidagi tanho «nafarmon gul»ga koʻz tikkan, uning ilinjida tunlarni bedor oʻtkazib, saharlar nolavor xonish qiladigan «bulbul»lardan biri, shubhasiz, Rustam edi. Gulruxsori koʻchada koʻrindi deguncha izidan tushar, yoʻlini toʻsib, qishloqchasiga, dangaliga «menga tegasizmi?» deb soʻrar, qiz lom-mim demay, boshini egganicha uni chetlab oʻtib, qadamini tezlatar, Rustam esa «baribir sizni olaman, mana qarab turasiz!..», derdi tap tortmay va orqa-oldiga qaramay chopib borayotgan Risolat koʻzdan yiroqlashguncha kuzatib qolardi. U aslida barvasta, kelishgan, qizlar diqqatini tortadigan kelbatli yigit edi, lekin Risolatning unga roʻyxushlik bermasligining sabablari bor edi. Maktabda yaxshi oʻqimagan (u Risolatdan uch sinf yuqori edi), Rustam hali u, hali bu bilan mushtlashib yurar, koʻplar undan hayiqardi. Qolaversa, Rustamni Risolatning dugonasi Dilorom yaxshi koʻrardi.

– Nimasini yoqtirasan oʻzi oʻsha bezorini? – soʻrardi Risolat peshonasini tirishtirib.

– Shoʻxligini, dadilligini... Agar seni oʻrningda boʻlganimda...

Risolat ikki qoʻlini koʻtarardi.

– Hay-hay-hay, oʻzingga buyursin oʻsha soʻlaqmoning.

– Ho-o, sizniki naqd-da, a?..

* * *

Risolat sinfdoshlaridan biriga koʻngil bergan, bu borada u ancha jasoratli edi. Ishq har qanday qoʻrqoqni botirga, hazrat Navoiy yozganidek, musulmoni komilni kofir, gʻayriddinga, ashaddiy xudojoʻyni dahriyga aylantirishi ham hech gapmas. Ular kechalari Risolatning qishloq chetida joylashgan ovloq uylari orqasidagi terakzor-giloszorda uchrashishardi. Asqar maktabda Risolatga sekin daftar yo kitob uzatar, uning orasiga solingan bir parcha qogʻozda uchrashuv vaqti koʻrsatilardi. Qiz rozi boʻlsa, indamas, aks holda fursatni oʻzi belgilab, «Bu kitobni oʻqigan ekanman», deb qaytarib berardi. Terakzorga hovliqib, muddatidan avvalroq borgan yigitcha qadrdon baqaterak yoniga gazeta toʻshab, shitirlagan tovushni poylab, intizorlik bilan, yuragi dukillab oʻtirardi. Daricha orqali oʻtgan Risolat shox-novdalarni ikki yoqqa ehtiyotkorlik bilan qayirib, malakmonand ohista, oyogʻi yerga tegib-tegmay kelardi. Asqar oʻrnidan dast turar, ikki navnihol va bokira vujud uzoq vaqt koʻrishmagandek bir-biriga intiqlik bilan talpinib, yaqin kelishganda toʻxtashar, yigit qizning issiq bilaklaridan tutar va ular sukunatning olis-olis puchmoqlariga, balki, odamlar qoʻli, soʻzi yetmas osmonu falakka parvoz etishardi. Xiyla muhlatdan soʻng yerga qayta qoʻnishgach, ulkan baqaterakka suyangancha, yelkalari aro bir-biriga tutashayotgan haroratdan a’zoi badanlari qizib, qalblari hayajonga toʻlib, tomirlarida qon gupurib, uzoq-uzoq oʻtirishardi. Quloqlariga chigirtka-chirildoqlar chirillashi kirmas, boyqush ovozidan ham choʻchishmasdi. Teraklarning oy nurida yal-yal tovlanayotgan kumushrang yaproqlari lolu behushlar qulogʻiga: «Qanday baxtlisizlar...» deganday yoqimli shivirlardi, shoxlar orasidan moʻralab-moʻralab qoʻyayotgan toʻlin oy esa: «Bahuzur oʻtiraveringlar, men koʻz-quloq boʻlib turaman, toʻyib-toʻyib diydorlashinglar, bu damlar – qaytmas damlar», deyayotgandek... Nihoyat Asqar tilga kiradi-da, Choʻlpon satrlarini takrorlab: «Siz oydan-da goʻzalsiz» deydi Risolatning uzun sochlarini bilagiga oʻrab. (Shoir deyarli barcha sohibjamol mahbubalarning volai mahliyolari dilidagi, tilidagi lutfni qogʻozga tushirgan). «Qoʻysangiz...» deydi qiz va yigit kiftiga peshonasini ishqab erkalanadi. Oy mavzuida boshlangan suhbat Otabek va Kumush, Muqaddas va Sharif qissalariga, vafoga, oʻzaro ahd-paymonga ulanadi. Risolat yigit qoʻllarining bejo harakatlaridan himoyalanmoq uchun uning pinjiga suqiladi. Asqar bagʻriga bosib-bosmay, labi yuzlariga tegib-tegmay, qiz oʻzini olib qochadi, «boʻldi-da- yey, betimni qizartirib tashlaysiz, ayam sezib qolsa, nima deyman» deb, boshini yana shaydosining koʻksiga yashiradi.

– Juda boʻlakcha yoqimli-da, – deydi yigit entikib.

– Nimasi boʻlakcha, hammanikiga oʻxshagan-da, – gʻamza ila e’tiroz bildiradi qiz.

– Yoʻq, Risol, boshqalarnikiga oʻxshamaydi.

– Qayoqdan bilasiz, yo boshqalarniyam oʻpib koʻrganmisiz?

Kulishadi.

– Faqat yuzim boʻlakchami?

– Hamma joyingiz...

– Aldoqchi-ey...

Navozishli raddiyalar navqiron qalb hissiyotlarini puflab alangalatadi... Qiz shunday boʻlayotgani – yigitni avjlantirayotganini payqarmikin? Hoynahoy, payqardi...

– Men sizga toʻyarmikinman?..

– Toʻyarsizam, qiziqmayam qoʻyarsiz...

– Yoʻq, men sizga aslo toʻymasam kerak.

– Toʻydirmaymanam-da...

Asqarning taltaygan dudoqlari choʻchchayib, yana sanami tomon intiladi. Risolat yonoqlarini kafti yo durrachasi bilan toʻsadi, betoqat, bebosh oshiftaning iyagiga sekin chertib qoʻyadi. «Haddingizdan oshmang-da, adabsiz bola» deya, uning kaftlarini otash boʻlib yonayotgan gulgun chehrasiga bosadi. Boshlar tizzalardan orom izlaydi. Yigit qisimiga toʻlib-toshib, xush boʻy taratuvchi sochlarni silab oʻynaydi. Hatto oysiz, qorongʻu kechalarda ham bir-birlarini qalb koʻzlari bilan ravshan koʻrishib, hirsona termulishardi.

Ular koʻpincha hamma narsa – dunyoni, ota-onalarning xohish-irodasi, hadik, vaqt degan poyloqchi, ta’qibchilarni butunlay faromush etishardi. Qiqir-qiqir kulgulari balandlay boshlagandagina qayerdaliklari eslariga tushardi.

– Qaytaylik endi, kech boʻldi, meni istab qolishadi, – deydi Risolat koʻylagi etaklarini qoqib, mahbubi yoyib yuborgan sochlarini oʻrib-tuzatarkan, ammo oʻrnidan qoʻzgʻalmaydi. Rustamning qoʻllarini ushlaganicha bir nimalar degisi kelar, yigitning yana nimalarnidir pichirlashini, sevgisini ochiqroq izhor aylashini kutardi. Asqar bir qadam jiladi-da, qaytadi, qiz uning yelkasiga nozlanib bosh qoʻyadi. Oshiq suyuklisini bagʻridan boʻshatgisi, suyuklining ham haroratli, sehrli ogʻushdan uzilgisi kelmaydi. Nihoyat u boshini orqaga tashlaydi-da, qoʻllarini Asqarning kaftlariga qoʻyadi.

– Ahdingiz chinmi? – soʻraydi nechanchidir bora. – Menga uylansangiz, keyin afsuslanmaysizmi? Har doim shunaqa yaxshi boʻlasizmi? Urib-soʻkib, koʻz yoshimni selob qilmaysizmi?

Asqar javoban qizni qanoatlantirib, oʻz navbatida u ham savol aylaydi:

– Oʻqishga kirib qolsam, kutasizmi, ota-onalaringiz zoʻrlashsa, boshqaga tegib ketmaysizmi?..

Xayrlashayotganlarida Risolat qoʻynidan bir toʻrgʻam non chiqarib Asqarga tutadi.

– Choʻntagingizga solvoling, bemahalda ins-jinslardan saqlaydi. Duolardan oʻqib yuring, – tayin¬lardi u.

* * *

Oʻshanda oʻtligʻ oʻpichlaru erkalanish-erkalashlarning asl ishq dalolatlari ekanligiga ikkisining ham shak-shubhalari yoʻq edi. (O, oʻsmirlikning qizgʻin mavsumi – sodda, begʻubor, hali qalblar, orzu, e’tiqodlar pand yemagan palla!..). Ikkalasi ham peshonalariga boshqa bir yigit yo qiz bitilishi mumkinligini tasavvurlariga sigʻdirisholmas, bu haqda umuman oʻylamasdilar ham. Ularning nazarida muhabbat – bashariyat sayyorasining mehvari, undan ulugʻroq tuygʻu, undan qudratliroq kuch, sevishganlar lafzidan qat’iyroq ont, oshufta dillar orasidagi koʻrinmas ipdan-da pishiq, mustahkam rishta yoʻq edi. Faqat va yolgʻiz Asqarniki boʻlishiga Risolatning imoni komil edi. U onam meni tushunadi, xohlaganimga beradi, deb ishonardi. Otasi qattiqqoʻl boʻlsayam, mehribon edi, qiz padari buzrukvorining ana shu fazilatidan umidvor edi.

Keyinroq terakzorda kechgan oyli va oysiz koʻp oqshomlar, oʻsha dildan oʻchmas lahzalardagi hech kimga aytib boʻlmaydigan dil izhorlari, yurakni koʻkrak qafasini yorib chiqqudek potirlatadigan gʻoʻr hayajonlar, bolalarcha sarxushliklar, a’zoi badanni lovullatib yuboradigan qaynoq boʻsalar yodiga kelsa, yuzlari guldek qizarib, koʻzlarini qayoqqa olib qochishni, oʻzini qayerga yashirishni bilmay qolardi. Baxtiga, Rustam, garchi oʻsha «gaplar», «hodisalar»dan qisman, farazan xabardor boʻlsa-da, oʻtmishni kovlashtirib, juvonning bagʻrini ezib, jarohatini yangilamas, qancha yillar ortda qolib ketgan nomatlub voqealarni yuziga solmasdi. Ayol erining mana shu mardona fe’li uchun ham unga oʻla-oʻlguncha vafodor, sodiq tanmahram boʻlishga rozi edi. Ehtimolki, Rustam soddadil Risolatning «Ha, yoshlik ekan-da...» deb yuborishidan hadiksirab mavzuni qoʻzgʻashdan oʻzini tiyardi. Chunki Asqarni eslasa Rustamning ichini rashk kemira boshlardi. Lekin Risolat yigitning otini ham atamas (endi nima foydasi ham bor?), u haqda biron munosabat bilan gap ochilgan chogʻda ham tilidan umr yoʻldoshini shubhalantiradigan soʻz chiqib ketishidan ehtiyotlanib, muloqot oqimini tezroq boshqa oʻzanga burib yuborish payida turardi. Sirasini aytganda, qiz ham «xoʻp» deyishga deb qoʻyib, urushqoq, janjalkash inson bilan qanday murosa qilarkinman, deb koʻp xavotirlanuvdi. Keyin bilsa, «bezori»ning tezligi, jizzakiligi oriyatchanligidan, ammo oʻzi dili ochiq, samimiy, ham odamga juda rahmdil ekan, roʻzgʻorparvarligi ham joyida edi. Qolaversa, nikoh, chimildiq degan sirli moʻ’jizalarning kuyov-kelin qalbida iliqlik uygʻotishi ham haqiqat-da, Risolat oʻz-oʻzidan qayligʻiga koʻngil qoʻya bordi. Asqar bilan munosabatlarini oʻylasa, xuddi eriga xiyonat qilayotganday uyalib, titrab ketardi. Bolalik – beboshlik, deganlari toʻgʻri ekan, biz ham tentak ekanmiz, degan fikr ongida sekin-asta qat’iylashdi. Risolat oʻshanda Asqarning qaltis ish sodir etmaganidan, shunday ish sodir etishga urinmaganidan (u oʻsha mahalda yigitni juda-juda yaxshi koʻrar, unga inonar va ra’yini qaytarolmay qolishi mumkin edi) suyunar, ayni vaqtda shuuridan balki, oʻsha ish... yuz berganida otasi Asqarning sovchilariga xoʻp deyishga majbur boʻlarmidi.., degan fikr siynasini simillatib oʻtardi. U Asqarni xotirlasa, hamon bir entikib qoʻyardi.

Asqar toʻgʻrisida orqavorotdan har xil gaplar kelib turardi. Yigit oʻqishni bitirib, Toshkentda qoldi, qaytib Risolat bilan qiziqmaganiga qiz ichidan zil ketardi. Xat-ku yozmaydi, loaqal birontasidan biron marta salom yoʻllamaganiga chidolmas, unga oʻptirganlari, qiz bola boʻlaturib, yaxshi koʻrishini oshkora aytganlariga pushaymonlar yerdi. Albatta, Asqar har qancha duoi salom bilan maktub yoʻllaganda ham unga javob bitolmas, zero u qat’iyatsiz, hazilakam oshiqdan aslo umidvor ham emas edi-yu, uning bir vaqtlar yuragiga choʻgʻ solgan soʻzlari (axir, ishq savdosi bobida koʻz ochib koʻrgani edi, unga betoqatlik bilan talpinardi – buni tan olmay iloji yoʻq) chin boʻlganligiga qanoat hosil qilishni xohlardi. Ayniqsa, yigitning aynan Risolatlar koʻchasidagi chiroy-chimmati oʻrtachagina qizni dabdaba-yu, martaba bilan Toshkentga olib ketgani juda oshib tushdi. Atay, menga oʻchashib shunday qildi, deb, anchagacha ich-etini yeb yurdi (ayol nasli baribir kuykanakligiga boradi-da).

Risolat farzandlari turmasligi yo tugʻilmasdan nobud boʻlishiga, ikki nomurodga bir ovunch, suyanch tilab kechalari Ollohga yolvorganlari, ohu nolalarining ijobatsizligiga yoshlik, gʻoʻrlikdagi nodonlik orqasida Asqar bilan nojoiz, nosha’riy hatti-harakatlarga izn berishgani – nomahramning jismi-tani badaniga, labi yuzlariga tekkani, ya’ni gunohga yoʻl qoʻyilgani sababmasmikin deb xomushlanar, lekin oʻzini ham, yigitni ham aybdor sanagisi kelmasdi. Chunki hayotida diydorlashuvga u qadar oshiqib talpinishlar, unday hayajonli oqshomlar, lazzatbaxsh sirlashuvlar, havoyi fazolar bagʻrida, yashil orzular belanchagida totli xayol surishlar qayta takrorlanmagandi.

IV

Oʻshanda Risolatning taqdiri oʻzi kutganday boʻlib chiqmadi. Asqar poytaxtdagi dorilfununga oʻqishga kirdi. Qizga esa sovchilar kela boshladi. Oʻsha mahallarda ular kunora xat yozishardi. (Eh, sogʻinch, muhabbat, orziqishlar izhoriga toʻla u ishqnomalar qayerlarda sargʻayib, loylarga qorishib, kimlarning tandiriga tutantiriq boʻlib ketdiykin?..) Risolat navbatdagi maktublaridan birida holatni bayon etdi, koʻngli notinchligini yashirib oʻtirmadi, terakzordagi ahdlashuvlarni eslatdi. Asqar zudlik bilan qishloqqa yetib kelib, maktabda tarixdan dars beradigan amakisi orqali uyidagilarni oyoqqa turgʻazdi. Amaki masalaning nozik va muhimligini, yigit qizga soʻz berib qoʻyganini yaxshilab tushuntirgach, ota-ona oʻgʻillarining xayoli boʻlinishini oʻylab ijirgʻanishsa-da, tavakkal qilib koʻrishdan boshqa chora yoʻqligini anglab yetishdi. Lekin sovchilar dastlabki tashriflaridayoq simyogʻochga urilgan varrakday shalvirab qaytishdi – Halim qori ularga ham keskin rad javobini berdi, maslahatlashib koʻraylikchi, deb ham oʻtirmadi.

– Uzoq shaharda oʻqiyotgan bolaga qiz berolmaymiz, oʻqishini tugatguncha esa ojizamizni saqlab turolmaymiz, harbiyga ham bormagan – xom ekan, ovora boʻlishning hojati yoʻq, – dedi iltijo, oʻtinchga oʻrin qoldirmay.

Har qalay koʻcha koʻrib qolgan Asqar izzat-nafsi, gʻururi toptalganday ogʻrindi, ayniqsa «xom» degan tamgʻa koʻksiga nashtarday sanchildi. Kimsan, mamlakatdagi eng obroʻli oliygohning talabasi-ya?!. U Risolat va otasidan qattiq ranjidi, birini tushunmaganlikda, qoloq qorilikda, ikkinchisini tushuntirolmaganlikda, muhabbatlarini himoya qilolmaganlikda aybladi.

Amaki uni yoniga oʻtqazib, obdan tasalli berdi.

– Asli shu ishga meniyam royim yoʻq edi, jiyan. Chunki sen ilmni ketidan quvishing zarur, uylansang, kelinni Toshkentga olib ketishing kerak. Qayerda, qanday yashaysizlar? Bu yoqda qolsa, otang aytganday, fikring chalgʻiydi. Bolalik boʻlsang, ularni boqish kerak. Unda oʻqishni, orzu-niyatlarni yigʻishtirib qoʻyib, ishlashga toʻgʻri keladi. Yoshsan, hali senga yaxshi qizlar uchraydi. Albatta, Risolat yomon qizmas, oʻzim oʻqitganman, bilaman, lekin unashmasa, nima choramiz bor, zoʻrlik qilolmaymiz-ku, jiyanim. Risolatdanam oʻpkalab yurmagin, qiz bola otasiga, Halim qoriday oʻjar, koj odamga qanday men falonchiga tegaman deb ayta oladi? Bu bizning udumlarimizgayam, musulmonchilikkayam toʻgʻri kelmaydi. Keyin, ular oʻta taqvodor, zamon bilan hisoblashishmaydi. Xil kelishimiz ham qiyin. Seniyam diqqat qip qoʻyishlari mumkin. Menimcha, Halim qori shu taraflariniyam oʻylab yoʻq degan...

Asqarning tarvuzi qoʻltigʻidan tushdi. Xayolan baribir Risolatni kechirmadi, u bilan uchrashishga ham imkon izlamay, Toshkentga joʻnavordi. Sirasini aytganda, amakisi bashorat qilganday, poytaxtda, institutlarda fason yuradigan har-har qizlarni koʻrib koʻnglida andak taraddudlanish, yangi hayajonlar tugʻilgan boʻlishi ham ehtimoldan uzoq emasdi. Balki, «Risolatni qoʻshni qishloqlik bir qavmlarining oʻgʻliga berisharmish» degan «mish-mish» yigit qalbini batamom vayronu hafsalasini mutlaqo pir qilgandir. «Nima boʻlsayam, men burchimni bajardim, lafzimda turdim», deb oʻzini oqlardi u.

* * *

Asqar koʻrishishni tilamay juftakni rostlaganini eshitgan Risolatning dili ham qattiq ogʻridi, axir, ish uzil-kesil bir yoqli boʻlgani yoʻq, chora axtarish, urinib koʻrish mumkin edi-ku! Kattaroq kishilarni, oqsoqollarni oʻrtaga qoʻyishsa, otasi ularning yuzidan oʻtolmay mayli deb yuborarmidi...

Qizning avvalo qiblagohining oʻjar va choʻrtkesarligi, andishasizligi uchun uzr soʻrab, hali butunlay umid uzishga erta ekanligiga ishora qilib bitgan dilnomasi dom-daraksiz ketdi. Xatim yetib bormadimikin deb, yana yozdi. Bu gal ham Asqardan na javob keldi, na salom. Risolat shundan soʻng uydan chiqmay qoʻydi, hovlida ham boshini xam qilib yurar, tuzuk-quruq ovqat yemas, «ha» yoki «yoʻq»dan boshqa soʻz aytmasdi. Ona «shamiyon qayirar chol»ini bir amallab koʻndirib, qizni dalaga chiqardi. Uning tundligi butkul yozilmasa-da, ruhiyati hamon tushkun boʻlsa-da, har holda ruxsoriga pushti rang yugurib qoldi. Dilorom bilan dardlashib sal yengil tortardi. Dugonasi esa Rustamdan, uning beparvoligidan nolirdi.

– Qiz bola boʻla turib, sen yaxshi koʻrsangu, muhabbatingni qadriga yetishmasa, odamga yomon alam qilarkan. Behis, toʻnka!.. – derdi u charos koʻzlariga yosh olib.

– Shoshmay tur, hali orqangdan shunday yugursin, – tasalli berardi Risolat. – Bir xilgi yigitlar shunaqa boʻladi oʻzi – qiz bolaning moyilligini sezsa, darrov dimogʻi ishib, burni koʻtariladi, lekin keyin shunaqa muloyim-mushukka aylanishadiki... – U men turmushga chiqib ketsam, Rustamning Diloromga koʻngil qoʻyishdan boshqa iloji qolmaydi, deb oʻylardi.

– Bunaqa boʻlishiga hech koʻzim yetmaydi.

– Mana, meni aytdi deysan...

Diloromning ham yosh tingan koʻzlariga nur ina boshlaydi.

Ammo Risolat hamon gohi-gohi kechalari toʻlgʻonib, uxlolmas, padari buzrukvorining oʻz dilbandi, yolgʻiz qiziga qilgan adolatsizligi, ayniqsa, Asqarning qat’iyatsizligi (bevafoligi, subutsizligi deyishga tili bormasdi) uni iztirobga solardi. Demak, sevgisi shunchaki havas, va’dalari yolgʻon ekan-da. Yo Toshkentda birontasiga ilakishib qoldimikin?..

Birdan-bir sirdoshi Dilorom edi. Yuragi siqilsa, uning yupatishlari bilan ovunardi. Rustamdan sovchi kelgach, ikki dugona oʻrtasiga ham ola mushuk oraladi. Garchi Risolat Rustamni suymasligini, otasi yigitning elchilarini noumid qaytarganini bilsa-da, endi Diloromning qalbida pinhona gʻayirlik, hasadga oʻxshash bir nima nish urgan edi. Endi jigar-bagʻri xun Risolat undan ham oʻzini tortar, oʻz yogʻiga oʻzi qovrilar, oʻzi savol berib, oʻzi javob qaytarar, jumboqni yolgʻiz muhokama qilardi. Balki Asqar mendan qattiq xafadir, hamma aybni menga toʻnkab yurgandir, yo ehtimol, uyam qiynalayotgandir, kuyinayotgandir der, rostdan ham Asqarda koʻngli borligini aytgani botinolmagani uchun oʻzini koyir (ammo ota qizidan bir ogʻiz soʻrab qoʻyishni ham lozim koʻrmadi-ku), shuncha yil birga yashagan odamiga soʻzini oʻtkazolmagan volidasidan ham oʻkinar (padar bu haqda gap ochgan ayolini siltab tashlagan edi), muhabbat deb oʻylagani sarob boʻlib chiqqanidan qaygʻuga botardi. Boshiga har xil mudhish xayollar kelardi. Toshqin yuz berganida, dastlab «mana, dilimdagi ish amalga oshadigan, ikki oʻt orasida kuyib-tutashdan, hamma azob-uqubatdan bir yoʻla qutuladigan boʻldim», degan fikr ongidan «lip» etib oʻtdi. Lekin Dilorom jonining boricha «Riso-la-a-at!..» deya chinqirganida birdan xushiga kelganday, tetiklandi, ovoz chiqqan tarafga qarab, dugonasi sari talpindi. Suv tezlik bilan koʻpayib, qizning oʻzini tutish uchun boshini oldinga choʻzib, daryo tubiga mahkam bosishga harakat qilayotgan oyoqlarini surib ketdi. Keyin...

V

Voqea ertakni eslatib yuborardi, ammo haqiqat edi. («Orzumandlar»da mana shu ayanchli lavhalar nazarda tutilgan edi).

Mayning oxirlari, kunlar issiq, ayni gʻoʻzaga ishlov beradigan mavsum edi. Oʻsha kuni oʻnga yaqin qiz-juvon Qoradaryo yaqinidagi oʻn yetti gektarlik paykalda chopiq qilishayotgandi. Ular orasida Risolat bilan Dilorom ham bor edi. Qomati bejirim, qishloq qizlariga noxos favqulodda oppoq, xumor koʻzli Risolat qalin sochlarini har doimgiday boshiga chambarak qilib olgan. Avvaldan oftob tigʻida, chang-gʻuborlar ichida qarsillatib ketmon chopib yuradigan, boʻyi Risolatnikidan pastroq Dilorom bugʻdoy rang, qotmagina, harakatlari shahdam, qarashlari chaqnoq. Umuman u qishloq xonadoniga kelinbop qiz edi.

Tushlikdan keyin ikki-uchtadan boʻlib, soya-salqinga oʻzlarini urishdi. Risolat bilan Diloromni esa dala oftobida olovlangan tanalarini sovutib, charchoqni (diqqatchilikni ham) yozish istagi daryo boʻyiga yetakladi. Ular alanglashib, atrofda zogʻ yoʻqligiga ishonch hosil etishgach, oʻzan ichida oltmish-etmish qadamlar chamasi yurib, kuchsizgina shaldirab oqayotgan, ikki tomoni quruq toshloq suv yoqasida, avvaldan ma’lum pakkada toʻxtashdi. Odam boʻyidan pastroq yulgʻun va boshqa oʻsimliklar panasiga choʻnqaygancha, roʻmol, koʻylaklarini yechib, buta shoxiga tashlashdi, soʻng tunlik harir kiyimlarida, boshlarini engashtirgan koʻyi oppoq toʻshlarini oqimga berib, oyoqlarida suvni bolalarcha chapillatishgancha, ohista suza ketishdi. Suvning yuzasi, chuqur boʻlmagani uchun tagi ham u qadar sovuq emas, shu bois badanga bagʻoyat xush yoqardi. Vujudlariga orom inib, farogʻat bahriga choʻmishgan boʻy qizlar tashvish, hadikdan holi edi. Odatda, bunaqa issiq pallada qishloqdan ancha olis bu pastqamlikka chumoli ham oʻrmalamasdi. Qizlar qoʻlida besh-oltita zogʻora baliq chizilgan tol chiviqni salanglatgancha oʻrmondan qaytayotgan Rustamni koʻrishmas, umuman, birovning nazari tushishi mumkinligini oʻylamas edilar. Yigit qandaydir qiqir-qiqirni eshitib, qadamini sekinlatdi. Tevarakka olazarak boqdi va nigohiga birdan daryo oʻrtasidagi yulgʻinga ilingan qizil, yashil liboslar ilashdi. Boʻydoqlarga xos joʻshqin qiziqish bilan oʻsha yoqqa tikildi. Qizlarning chugʻur-chugʻuri dudmol aks-sado kabi eshitilardiyu, oʻzlari pinhon edi. Ovoz egalari, ayniqsa bittasi juda yaqin tuyuldi yigitga. U sohilda u yoqdan-bu yoqqa yurib, nihoyat choʻmilayotganlar ora-sira koʻrinadigan joyni topdi-da, oʻzini qari, bukri tol orqasiga olib, astoydil kuzatmoqqa tutindi. Qizlar oʻn yetti-oʻn sakkiz yosh – balogʻat davrining ta’rifga sigʻmas oʻtli hissiyotlari ogʻushida ehtiros, zavq ila bir-birlarini bosishar, yuzlariga suv sochishar, qiyqirishar, xandon otib kulishardi. Ular dunyoni, hatto bagʻritosh bevafolarning sitamlarini ham tamomila unutishgan edi.

Suv parilarining kimligini allaqachon fahmlagan Rustam yuragi gup-gup urib, shirin, lazzatli xayollarga berildi, «pistirma»sidan boshini koʻtarmay, ichki koʻylak, lozimlari bilan laqqa baliqday suzayotganlarni tomosha qilib, hushi ogʻib turaverdi, uning uchun vaqt toʻxtab qolganday edi. «Qani endi hozir Diloromning oʻrnida men boʻlsam... – oʻylardi u lablari yoyilib. – Ha, qaysar qori, qizini menday yigitga bermadi-ya... – Risolatning otasidan yozgʻirdi u. – Men uni yelkamdamas, kaftimda olib yurardim, kaftimda. Shunday jazirama issiqlarda dalada ishlatib qoʻymasdi – qoraytirib, hovlimizni gullatib yursa hisob edi. Hali uyam afsuslanadi...»

Bir payt Rustamning qulogʻiga allaqanday vahimali guldirash kirib, dam sayin kuchayib, yaqinlasha boshladi. Tovush zamin ostidan kelayotganday edi. Biroq yer tinch, silkinayotgani yoʻq. Yigit tegrasiga, koʻkka jalangladi. Osmon boyagiday musaffo, quyosh charaqlab, haroratini beomon purkardi. Shu asnoda qizlarning qoʻrqinch, tahlika ichidagi qiyqirigʻi yangradi. Rustam qarasa, ne koʻz bilan koʻrsinki, tip-tiniq suv bir lahzada qorayib, koʻpayib borardi. Beshik-beshik toʻlqinlar suvning sokin sathini chayqatib, yovuz sharpaday bostirib kelib qolgan edi...

Odatda Qoradaryoning har qanday shoʻxligu beboshliklari bu paytgacha barham topgan boʻlardi. Barcha anhoru soylar kabi qadimda Ilamish atalmish bu keksa daryoda ham koʻklamda, olma gulidan keyinroq suv koʻpayardi. Rustamning bolaligida esa bu daryoi azim doim limillab, toʻlib-toshib oqardi. Sohildagi oʻtloqlar gul-gul yashnardi, marzalarga sapchigan yovvoyi favvoralarda quyosh nuri, oy shu’lasi jilva qilardi. Maysa-giyohlardan bir bokira, xushboʻy hid taralardi. Lekin oʻqtin-oʻqtin daryoning jazavasi tutar, shunaqa kezlarda tunni boshiga koʻtaradigan shovqin-suronlardan, jarlarning oʻpirilib-shaloplashidan qishloq ahli tahlikaga tushardi.

Xullas, daryo odamlarning yuragiga koʻp qutqu solgan, judayam shoʻx, yovqur edi, hech narsani, hech kimni mensimasdi, ayamasdi. Ayniqsa, kunlar isib, Arslonbob togʻlarida tosh qotgan muz-qorlar eriy boshlagan, sel-jalalar avj olgan mahallarda daryo koʻpirib, qop-qora boʻtana boʻlib, och qolgan urgʻochi sherdek na’ra tortib oqardi. Rustamning, boshqalarning ham yodida: el-xalq koʻch-koʻronini yigʻishtirib, darvozalari biqinida koʻzlarini yoʻlga tikib, quloqlarini ding qilib oʻtirishardi. Qishloq faollari, brigadir, hosilotlar otda aylanishib, ularga dalda, tasalli berib yurishardi. Bir necha otliq esa toʻxtovsiz daryo boʻyiga borib kelardi. Hamma «Qani, yuklarni koʻtaringlar!..» degan buyruqni eshitishdan bezillab, jon hovuchlab turardi. Ancha-muncha botir yigitlar, suvdan qaytmas shoʻx-shaddot qizlarning boshiga ham yetgan bu qonxoʻr daryo! Kim, qachon, nima sababdan shunday nom qoʻygan, hech kim bilmaydi – uning toshqin holatini, jazavali alpozini «Qora xoʻja» deb atashardi. «Qora xoʻja»ning odam «ovlamay» qoʻyganiga ancha yillar boʻlgan edi. Bugun nima jin urdi, nega tushov uzdiykin u?..

Qizlar jon holatda quloch otib, qirgʻoq sari suzishardi. Oʻrtadagi toshloqni ham toshqin bosib ulgurgan edi. Rustam shippagini va doʻppisini yechib, har yoqqa tashladi-yu, oʻzini daryoga otdi. Oradagi masofa ellik qulochcha bor edi. Suv toʻxtovsiz koʻpayar, yigit bor kuchini ishga solib qizlar tomon intilar, qizlar esa bu yoqqa talpinishardi. Rustam toʻlqinlar uzra, ogʻzi-burniga kirgan suvni purkab-purkab quloch otarkan, «Qoʻrqmanglar, qoʻrqmanglar!..» deya baqirib, dalda bermoqchi boʻlardi-yu, hech evini qilolmasdi. Suvdan kalla koʻtargisi, bir soniya¬ni ham boy bergisi kelmasdi. Lekin... shu on toshqin birdan, bir necha barobar avjlanib, hayqirib, Rustamni ham quyiga oqiza boshladi. U oʻrkach-oʻrkach dolgʻalar qurshovida qoldi. Biroq, qoni qaynab, boʻydoqlik kuch-quvvati joʻsh urgan yigit oʻzini aslo yoʻqotmay, qizlarni koʻzdan qochirmaslikka urinib, oqimga qarshi yondamalab borardi. Yana bir necha quloch otsa bas edi – ikkalasini ham tutib olgan boʻlardi. Ammo... U qoʻl choʻzishga ulgurmadi – suv tagʻin bir koʻtarilib, toʻlqinlar koʻkka irgʻidi.

Qizlar birvarakayiga «Aya-a-a!..» deya qattiq chinqirishdi-yu, jimib ketishdi va ikkisi ham koʻzdan gʻoyib boʻldi. Kuchli sarosimaga tushgan Rustam suv sachramalari qisib qoʻyayotgan qovoqlarini yirtguday ochib, yon-atrofni qidirarkan, besh-olti metr narida siltanib-hilpirayotgan ikki oʻrim soch uchlarini koʻrdi. «Bu – Risolat!» degan fikr miyasida chaqmoq chaqdi. Yana boshqa tarafga jonsarak koʻz yugurtirib, Diloromni axtardi, biroq, qarasa, haligi sochni ham yoʻqotib qoʻyadigan (bunday chogʻda miya xujayralari yo karaxt boʻlib qoladi yo favqulodda shitob ishlab ketadi). Shu oʻyni dilidan kechirib ulgurmay, Parvardigor inoyati bilan gohida ana shunday yovvoyi, bezabon kuchlarda ham shafqat hissi uygʻonib ketishi mumkin chogʻi, toʻlqin bir surib, Rustamni oʻsha ikki oʻrim soch yoniga olib borib qoʻydi. Qattiq hamla bilan qoʻl uzatgan edi, sochning bir oʻrimi barmoqlariga ilashdi. Qoʻlini ikki marta aylantirib, sochning qariyb yarmini bilagiga oʻrab oldi va zabt bilan oʻziga tortdi. Yana toʻlqin yordamga keldi: xushsiz bosh suvdan bir qalqib chiqdi, ammo shu zahoti tagʻin choʻka boshladi. Biroq yigit sochni bilagidan zarracha boʻshatmay, epchillik bilan bir qoʻllab suzib, qisman oqim koʻmagida Risolatni sudraganicha qirgʻoqqa intildi. Albatta, bularning hammasi qisqa muddatda sodir boʻldi. Sayozlikka yetganida yigitning ham sillasi qurib, holdan toygan, oyoqlaridan mador ketgan, lekin aqli-xushi oʻzida edi: suv xoʻplagan qiz shoʻrlik tezroq silqitib yuborilmasa, ish chatoq. U qolgan butun kuch-quvvatini toʻplab, Risolatni boʻyni va tizzalari ostidan koʻtardi-da, ivib ogʻirlashgan shimi pochalarini shaloplatgancha sohilga yaqinlashdi.

Xayolida panjalarini qimirlatishga ham majoli yoʻqday edi. Bilaklarida boʻyiga yetgan, durkungina, zangori ich koʻylagi badaniga chippa yopishgan sohibjamol koʻzlari yumuq, rangi tamom boʻzargan, lablari yarim ochiq holda, nafas olmay yotardi. Oʻshanda muskullarida qayerdan, qanday gʻolibona qudrat paydo boʻldi – haligacha hayron, Risolatni bir shaxt bilan yelkasi barobar koʻtarib, qirgʻoqqa yotqizdi. Keyin oʻzi ham tirmalashib chiqib, qizni yonboshlatdi-da, oyoqlarini juftlashtirib, sal koʻtarib bir-ikki siltagan edi, ogʻzidan suv varaqlab otildi... Risolat sekin ingradi. Yigit oʻzini yerga tashladi. Soʻng gʻala-gʻovurdan koʻzini ochib, tepasida biri gʻazab, biri hayrat bilan tikilib turgan haloyiqni koʻrdi.

Daryo shashtidan bir oz tushgan, lekin yirtqichlar hamlasidan oʻlar holatda chopib, xavf-xatardan qutulgan, ammo hamon pishillashi bosilmagan yilqi galasiday boʻgʻiq shovullardi.

* * *

Diloromning jasadi ikki kundan keyin Fargʻona kanali toʻgʻonidan topildi.

Risolat bir hafta deganda tilga kirdi. Shungacha, Diloromning ota-onalari «norasidamiz, koʻzimizning oqu qorasini umriga zomin boʻldi» deb, Risolatnikilar «bokiramizni badnom etdi» deb, Rustamlar eshigining turumini buzishayozdi. Shungacha Rustam tuman ichki ishlar boʻlimining hibsxonasida tergov berib yotdi. Uning gaplariga hatto yaqinlari ham ishonmasdi. Keyin Halim qori ham, Risolat ham Rustam oldida burchli ekanliklarini angladilar. Yigit jasorati toʻgʻrisida birovga maqtanmasdi, lekin ich-ichidan qizga oʻzini koʻrsatib qoʻyganidan, oʻzidan mamnun edi. Baribir sharmandali hol yuz berdi degan fikrni kallasidan chiqarib yuborolmayotgan Halim qori bu «shov-shuv»ning hademay yurtga tarqab ulgurishidan hadiklanib, oʻzi oraga kishi qoʻydi. Ishqilib, yigit niyatidan qaytib qolmaganmikin?.. «Shundoq mard oʻgʻlonga qizimizni qoʻshqoʻllab tutganimiz boʻlsin...» Rustam esankirab, oʻzini yoʻqotayozdi. Risolatni qutqarib oldim, endi uni menga berishadi, degan iddao xayoliga ham kelmagan edi. Yana bir hol uni gʻoyat ajablantirdi. Risolatlar tarafdan elchi kelgan kundanmi yo undan sal avvalroqmi, u fe’lida qandaydir oʻzgarish yuz berayotgani – sipo tortib, muloyimlashib borayotganini, odamlarga yaxshi nazar bilan qaray boshlaganini his etardi.

Risolat ham endi onasining soʻzlariga yerga boqib, sukut bilan javob berdi. Asqar hanuz suvga choʻkkan toshday nom-nishonsiz, Rustam esa foydaga qolgan jonining xaloskori, egasi edi. Qolaversa, endi uning kimga tegishi baribirday edi, illo, hamonki bir kimsa bilan hayotini bogʻlashi shart ekan, rostmi-yolgʻon sevgisini ochiq aytib yurgan, soʻzidan qaytmaydiganga oʻxshayotgan, yuragi botir shu Rustam ma’qul emasmi? Toshqin voqeasi esiga tushsa, qiz qirgʻoqda yarim yalangʻoch, behayolarday yotgan holatini, Rustamning uni oʻsha alpozda suvdan koʻtarib chiqayotganini koʻz oldiga keltirib, oʻz-oʻzidan uyalib ketar va dilida yigitga nisbatan andak iliqlik paydo boʻlayotganday, jismi-tani endi unga tegishliday tuyulardi. Ammo Diloromni oʻylab, darhol turfa mulohazalarni boshidan haydashga urinar, bevaqt zavol topgan dugonasiga yuragi achishib (nima boʻlsayam, yaxshi qiz edi), kipriklariga nam siza boshlardi. Lekin endi u yoʻq... Rahmatlini Rustam baribir yaxshi koʻrmasdiyam-ku... Biroq yaqin hamdami, qismatdoshidan judolik tufayli, Asqarning koʻngli qattiqligi, vafosizligi sababli yuragiga xursandchilik, oʻyin-kulgi sigʻmasdi. Onasiga dil yorib, bir necha bor toʻyni paysalga soldi. Ammo qalliq qiz vaqtni choʻzishga qancha uringan sari, berahm kunlar yelvizakday vizillab, uni dam sayin ragʻbatsiz vasl tuniga yaqinlashtirib borardi.

* * *

Nihoyat, vaji korson, bahonalarga ham asos qolmadi. Toʻy kuni belgilandi. Risolat xonasiga qamalib, toʻyib-toʻyib yigʻlar, ammo nega obidiyda qilayotganini oʻzi ham chuqur anglamasdi, faqat koʻngli toʻlib, koʻzlaridan beixtiyor quyulayotgan yoshni toʻxtata olmasdi.

Toʻy ham oʻtdi. Risolat Rustam bilan qovushdi.

Toshqin va toʻy hodisalari bir-biriga bogʻlanib, tildan tilga koʻchib, rivoyat tarzida qoʻshib-chatilib, qoʻshni qishloqlarga yoyildi. Voqea ishtirokchilarini biladigan, yaqindan taniydiganlar ham har gal yangi tafsilotlar bilan boyitib gapirib yurishdi. Xususan, kino san’atiga, adabiyotga qiziqishi nihoyatda kuchli, mol boqqani borganda ham qoʻltigʻidan muqovalari titilib ketgan semiz-semiz kitobni qoʻymaydigan, hatto oʻtni ham xirgoyi bilan oʻradigan Salim Rustamning qahramonlik dostonini toʻylarda, turli davralarda maroq bilan aytib berardi. Hikoya davomida joʻshib, hayajonlanganidan ba’zida ogʻzidan tupuklar sachrab ketsa ham parvoyiga keltirmas, oxirida qoyil qolganini pisanda qilishni unutmasdi. Shunday paytlarda, ayniqsa, Shavkat gʻoyatda hayratga tushib, lab-lunjini yigʻishtirolmay iljayar, dam kipriklarini pirpiratib jiddiy tortar, gʻururlanganidan turgan yerida boʻyi oʻsib ketayotganday sezilar, togʻasiga nisbatan mehr-muhabbati oʻsha asov daryoday oshib-toshib borardi. Bolakay hovliqib uyga kelardi-da, ovoza boʻlgan fojeiy hodisani yanada batafsilroq eshitish maqsadida togʻasi yo kelinayasiga tirgʻalar, biroq Rustam: «...bir payt qarasam, suv koʻpayib, qizlar oqib keta boshlashdi, shartta oʻzimni tashladim. Bittasini ushlolmadim, ikkinchisini sochi qoʻlimga kirib qoldi, bu – mana shu kelinayang edi», deb kift qoqardi. Kelinoyisi esa uning uchun qiyomatga aylanayozgan dahshatli toshqinni tutilib-toʻlqinlanib soʻzlar, Rustamning dovyurakligini alohida ta’kidlab, yigit kishi shunaqa boʻlishi kerak, deb xulosa yasardi, oʻzicha tayoqning bir uchini kimgadir toʻgʻrilab.

Bu mavzu goho-goho er-xotinning oʻzaro suhbatlarida ham tilga olib turilardi. Koʻpincha Risolat eslardi.

– Dilorom sizni judayam yaxshi koʻrardi. Qizlardan birontasi tegishib, «oʻsha bezori, janjalkashni nimasi yoqadi oʻzi senga?» desa bormi, bechorani burdalab qoʻyay derdi. Yugurgannikimas, buyurganniki deb...

– Rahmatli alomat qiz edi, lekin bilardingiz, men sizni...

– Men shunchaki qiziqsangiz kerak, deb oʻylardim.

– Chunki siz... – Rustam birdan duduqlanadi va gapni buradi. – Siz soʻzlarimga tuzukroq quloq solmasdingiz.

– Oʻzingizam tomdan tarasha tashlaganday, «menga tegasan...»dan boshlardingiz-da, odamni kapalagini uchirib.

– Yuragimda borini, gapni indallosini aytardim-da. Men shoir yo artist boʻlmasam, qoshing unaqa, koʻzing bunaqa degan maqtovlarni oʻxshatolmasam. Bunaqa yuzaki xushomadlarga tilim aylanmaydi. Menga yoqardingiz, birdan-bir maqsadim sizga uylanish edi, vassalom. Niyatim xolis ekan, mana, Xudo ishimni oʻngladi, bandalarga koʻrsatib qoʻydi.

– Rostdanam allakimlar bilan mushtlashib yurishingizni koʻpchilik yomon olardi-da.

– Mana, mushtlashmayam qoʻydim.

– Ha-ya. Meniyam tuyib turarmikin, deb qoʻrqardim. Toʻydan keyin anchagacha hadiksirab yurganman.

Rustam Risolatga oʻpkali nigohini tikadi.

– Opqoching-a...

– Rost-da, keyin oʻzgardingiz-da.

– Siz sababli...

– Men hech oʻylamovdim...

– Shuning uchun xalq shoʻxdan qoʻrqma, pismiqdan qoʻrq deydi-da.

Risolat yana marhuma dugonasiga qaytadi.

– Dilorom ham yashashi kerak edi. Men oʻzimni uning ruhi oldida aybdorday his qilaman. Axir siz meni emas, uni qutqarishingiz ham mumkin edi-da, – juvonning dilida Rustam atayin meni tutishga harakat qilgan boʻlsa kerak, degan gumon ham yoʻq emas edi.

– Sizni menmas, oʻzingizni sochlaringiz qutqargan – mana shu uzun sochlaringiz. – Rustam ayolining qimtilgan tizzalari uzra koʻz-koʻzlanib yotgan zulfi anbarafshonini oʻynamoqqa tutinadi, uning parishon uchlarini burniga tutadi. – Aslida meniyam orqangizdan yugurtirgan mana shu sochlar edi.

Risolat xijolatomuz jilmayadi.

– Sochim uzun boʻlmaganda orqamdan yugurmasmidingiz? – sinovchan soʻraydi u.

– Harqalay, koʻzim dastlab sochingizga tushib qiziqib qolganman. Keyin koʻrsam, yuzingiz ham, hamma joyingiz chiroyli, kelishgan ekan.

Risolat birdan yengil seskanadi. Uylari orqasidagi terakzorda ilk bor aytilgan va quloqlariga judayam yoqimli eshitilgan soʻzlar jaranglaganday tuyuladi.

– Endi oshirvordingiz, bu gapni shoirlaram sizchalik kelishtirolmasa kerak. - Ayol jiddiylashadi. – Mayli, buni qoʻying, men baribir Diloromga achinaman.

– Ha, oʻshanda uni yoʻqotib qoʻydim, – deydi ma’yus tortgan Rustam boshini likillatib. Xayol uning koʻz oldiga oʻsha mudhish manzarani keltiradi. – Menimcha, Diloromni girdob tagiga tortib ketuvdi, uni qayoqdan izlashniyam bilmasdim. Keyin, birdaniga ikki kishini tutish ham qiyinidi, ikkalanglar ikki tarafda edinglar. Umas, bumas, taqdir bu, Risolat, Olloning irodasi. Rahmatli hur ketdi, joyi jannatda boʻlsin.

– Ishqilib, u dunyoda men bilan yulishib yurmasmikin, – deydi Risolat hazilmi-chin tarzda.

– Qoʻrqmang, – qoʻl siltaydi Rustam, – oʻzim kafillikka oʻtaman. Undan kechirim soʻraymiz. Parvardigor inoq er-xotinlarni yaxshi koʻrarmish, shuning uchun bizni oʻzi yorlaqaydi.

VI

Shunday qilib, ular sokin, halovatli va ancha-muncha tashvishli, ogʻir-engil kunlarni boshdan oʻtkazdilar va umrlari yoʻlidagi kutilmagan, notanish bir bekatga, toʻgʻrirogʻi, chorrahaga yetib toʻxtadilar. Endi ular shu manzilda ulovdan tushib, xayrlashmoqlari va boshlarini xam qilganicha boshqa-boshqa tomonga qarab yurmoqlari lozim edi. Shuncha zamon bir oʻrinda bir-birlarining nafaslarini tuyib, hidu boʻylaridan bahra, badan haroratlaridan quvvat olib kelgan juftlikning bir olmaning pallasiday ikkiga boʻlinib ketishi, borsa qaytmas soʻqmoqdan noma’lum yoqlarga ravona boʻlishi ogʻir savdo edi. Lekin ular oʻzaro tinch sulh asosida shunday bitimga kelishdi.

– Sizdan mingdan-ming roziman, siz ham mendan rozi boʻling-a, Rustam aka, – dedi Risolat yerga boqib. Uning nam mijjalarini yashirish uchun bosh egganini payqash qiyin emas edi. – Bilib-bilmay yaxshi-yomon gapirib, dilingizni ogʻritgan boʻlsam...

– Risolat!.. – gapni boʻladi Rustam betoqatlanib.

– Koʻnglingizdagiday yostiqdosh boʻlolmagan boʻlsam...

– Risolat, menga qarang...

– Yana, dorilbaqoda menga teskari qarab, boshqasi bilan ketib qolmang, deyman-da...

Rustamga juvonning nozik qochirimli hazili ham botmadi.

– Iljirab yotgan yaraga tuz sepishning nima hojati bor, Risolat?

Rustam ayolni, iyagidan koʻtarib oʻziga qaratmoqqa, uning yuzlariga hamdardlik bilan tikilmoqqa, koʻzyoshlarini artib qoʻymoqqa chogʻlandi, ammo endi unga qoʻl tekkizishga haddi yoʻqdek ikkilanib, shashtidan qaytdi. Vo, ajab, nega endi?.. Axir u yigirma yildan beri oʻziniki edi-ku, nainki shuncha muddat butun vujud-tanalari bir boʻlgan odamlar endi begonalarday, bir-biridan butunlay yiroqlashib ketishsa? Halitdan-a?.. Nahotki bundan keyin koʻcha-koʻyda roʻpara kelib qolishsayam tuzukroq hol-ahvol soʻrashishga oʻzlarini haqsiz bilishib, shunchaki koʻz tanishlarday, quruqqina salomlashib oʻtaverishsa? Ishqilib, qiyomat diydor boʻlib yurishmasa, bas...

Rustam yaxshilikchasiga judolashuv urush-janjal, «qoʻydim-chiqdim» bilan ora ochdi qilishga nisbatan qiyinligini, azobligini angladi.

Xullas, bir necha yildan buyon xavotir bilan kutilayotgan «qora» kun nihoyat yetib kelgan edi. Mana, ertaga Risolat akasinikiga ketadi. Xoʻsh, keyin-chi?.. Rustam gʻor ogʻziday yutaman deb turgan, oʻlik chiqqan uyday noxush hujraga, xarobaday fayzsiz hovliga orqasidan birov surganday kalla suqishini, oʻchoq oldida kul titkilab, qozon qaynatib, idish-tovoq yuvib, hafsalasizlik bilan kovshanib oʻtirishini, bir kishilik oʻrin toʻshab, sovuq koʻrpa ichida gʻujanak boʻlib, tiq etsa derazaga boʻylab yotishini koʻz oldiga keltirdi-yu, etlari jimirlashib ketdi. Oʻzini chalgʻitish uchun rejalar tuza boshladi, avvalo Risolatga bir nimalar tuhfa qilishni koʻngliga tugdi: tozaroq matodan koʻylak, boshiga solgani yupqa roʻmol moʻljalladi.

– Baliq me’daga tekkan. Anchadan beri osh yemadik, ertaga bozorga borib qoʻy goʻshti opkelsam... – dedi tushlik ustida. – Bugun ariqdagi jela, savatlarni qarasam, daryoga ertaroq tushib, koʻproq baliq tutsam...

Risolat xomush, u oʻz xayollari bilan andarmon edi. «Maylingiz...» deb qoʻya qoldi. Keyin birdan esiga kelganday, ertaroq qaytarsiz, dedi iltimos ohangida. Ichida gʻalati bir holat yuz berayotganday – yurak siqilishimi, zerikishmi, oʻzi ham aniq bilmasdi. Nazarida toqatsizlanayotganga, besaranjom boʻlayotganga oʻxshardi. Aslida juvonning qalbida ham yolgʻizlikdan choʻchish tuygʻusi gʻimirlay boshlagandi.

Rustam xotinining avzoini sezdi-yu, sezmaganga oldi, nimayam desin, sababi ayon-ku. Uning oʻzi ham bu kunni qanday kechiktirish va tong ottirish gʻamida edi. Unga qolsa, shu oqshom va tunning juda uzoq choʻzilishini xohlardi. Ichida shaytonmi, bir nima bugun Risolatga mehr-muruvvat koʻrsatmagan durust, aksincha, uni sovutadigan, koʻnglini choʻktiradigan ishlar qilish zarur, derdi. Lekin bunday amallarni oʻylab topolmasdi. Aslida Rustam oʻzi haqida Risolatning yomon taassurot bilan ketishini sirayam xushlamasdi. U xotirasi qatlarini titkilab, ayolining oʻtgan yillar davomidagi nomai a’moli orasidan ixlosni qaytaradigan, bezdiradigan xatti-harakatlar, muomalalarni axtarishga tushdi. Bir galgi arazlashganlarini esladi. Unda onasi hayot edi. Bir oʻtirishda kayf ulfati bilan aytishib qoldi. U befahm, befarosat «Risolatni otasiga qizingizni bir oʻlimdan saqladim, endi u meniki, deb shart qoʻygansan, yoʻqsa u pixini yorgan ziqna chol senga arzandasining tirnogʻiniyam ravo koʻrmasidi, agar qutqarib olgan boʻlmaganingda Risolat senga bilaginiyam ushlatmasidi», deb jigʻiga tegdi, yana, «ayol kishining eridan ichi chiqmasayam boʻgʻoz boʻlishi gumon», deb uni kamsitdi. Rustam chidab turolmay, dahanaki jangga uncha uquvi, sabri yoʻq edi, qoʻl otib yubordi. Chiyralgan, toʻqmoqday musht zalvori bir bosqonning zarbidan kam emas edi, hamshisha kursi-mursi bilan beton polga gursillab yiqildi, burnidan sharqirab qon ketdi. Favgʻo kuchaydi, sheriklar Rustamni hazil koʻtarmaslikda, qoʻpollikda ayblashdi.

– Hazilmas bu! Hazil bunaqa boʻlmaydi! – battar tutaqdi u.

Qisqasi, achchiq-tirsiq bilan tarqalishdi. Rustamning sha’niga «bir chiroyli oʻtirishni boplading, doim bir ishkal chiqarmasang, qusuring qonmaydi oʻzi, uylanib ham oʻpkang bosilmadi. Risolat sen bilan qanday yashayaptiykin...” degan ta’nalar yogʻildi. Lekin endi u oʻzini ogʻirlikka oldi, melisaga tushishdan choʻchidi. Uyga kelib, boʻlgan voqeani toʻkib soldi. Xotinining uni jin kabi koʻzadan qayta chiqishga majbur qilgan xonasallotning malomatiga nisbatan taxminan: «bekorlarni beshtasini aytibdi, oʻz ixtiyorim bilan tekkanman sizga, xohishim boʻlmasa, shuncha yil birga yasharmidim...» deyishini kutdi. Harqalay, shunga yaqin soʻzlar bilan kayfiyatini koʻtarib, tasalli berishiga ishonuvdi. Risolat «chakki qipsiz-da, urib...» dedi. Fayir oshna Asqarning xolavachchasi edi. Rustamning xayoli shunga ketdi. Yana boshvogʻi yechilib, qizishdi.

– Demak, oʻsha ahmoqning gapi toʻgʻri ekan-da, – deb yubordi oʻzini toʻxtatolmay.

Ayol javob qaytarmadi, Rustamga orqasini oʻgirib yotib oldi. Shundagina xol qoʻyganini angladi. Kechirim soʻray deb ogʻiz juftladi-yu, pastlagan olovni gurillatib yubormay, deb oʻzini tiydi, toʻgʻrirogʻi, uzr-ma’zurga gʻururi yoʻl bermadi, gʻalamis, ichi qora hamtovoqning pichinglari unga qattiq botgan edi. “Risolat ertalabgacha hovuridan tushib qoladi», deb oʻyladi.

Barvaqt turib, onasining: «Qayoqqa, muncha erta?» kabi savollariga mujmalgina javob aytib ishga joʻnadi. Oʻsha paytlarda kolxozda yuk mashina minardi. Kechki payt qaytganida hovlida Risolat koʻrinmadi.

– Keliningiz qani, aya? – soʻradi u oʻzi xulosa chiqarib qoʻygan boʻlsa ham.

– Otasinikiga ketdi. Eringizdan ruxsat olganmisiz, desam, «kechasi kech keldi, erta ketib qopti», dedi. Oralaringdan gap qochgani yoʻqmidi? – Sanobar opa oʻgʻliga razm solib tikildi.

Risolatning Rustamdan beijozat bir yoqqa boradigan odati yoʻq edi. U yana onasining «hay-hay»lashiga qaramay, tashqariga otildi. Guzardan qovun, tarvuz xarid qildi-da, qaynotasinikiga kirib bordi. Iliq qarshilagan Risolat ichkaridan toʻshak olib chiqib, chorpoyadagi yakandoz ustidan soldi, choy keltirdi. Qaynota ham, qaynona ham «nima gap?» deb soʻrashmadi. Rustam bir piyola choy ichgach, «Risolatni opketgani keluvdim, bemahalda oʻzi qoʻrqmasin deb», dedi.

Yoʻlda, uyda ham kechagi gap-soʻzlardan umuman ogʻiz ochishmadi.

Undan avvalmi, keyinmi, shunga oʻxshash yana bir holat yuz bergan. Oʻshanda ham Rustamning oʻzidan oʻtuvdi. Joʻralarini mehmonga chaqirgandi, ularni kuzatgach, «namuncha yasanib oldingiz?!» deb Risolatni ancha diqqat qilgan. U tanishu begona erkakka, jumladan, erining yaqinlariga durustroq kiyimda koʻrinishni xushlamaydigan oʻzbek ayoli hali dunyoga kelmagani, kelishi ham dargumonligini bilmasdi.

– Oʻrtoqlaringizni oldida roʻdapolarday yurishim kerakmidi, – ajablandi juvon. U har qanday er xotinining oʻzgalarga, xususan, ogʻaynilariga kelishganroq, koʻrkamroq koʻrinishini xohlasa kerak, degan tushunchada edi. Ayniqsa, befarzand erkakning boshqalarga qaraganda ham rashkchiroq boʻlishini birov eslatmagandi unga. Oʻshandan keyin Rustam uyda gap berish, umuman, gap yeyishga chek qoʻygan edi.

VII

Rustam shoshilmay mash’al tayyorlashga kirishdi. Risolatdan soʻramay, oʻzi omborchani tintib-titkilab, eskirgan paxta topib chiqdi. Endi uni koptok shaklida dumaloqlab, sim bilan oʻrab-chirmab bogʻlash, oʻroqni qirrali egovda, soʻng qum-qayroqda oʻtkirlash va boshqa kerakli anjomlarni hozirlash kerak edi.

Uning baliq ovini ixtiyor etishdan yana bir muddaosi – koʻrpa-toʻshak, mayda-chuydalarini tugib-boʻgʻayotgan Risolatning koʻzidan nariroqda turish edi. Ayol zotining buyum, lataga oʻchroqligi ma’lum. Mayli, qoʻliga kirganini olsin, uydagi bor bisotlarini yigʻishtirib ketsayam mayli. Unga qiyin, sidqidildan qayishadigan bir mehriboni, topib-tutib beradigani yoʻq endi, oʻzi bir joyda ishlamasa... Akasinikida zoriqmayroq oʻtirar. Bosh omon boʻlsa, doʻppi masalasi qiyinmas, harqalay, bu erkak-ku. Qolgan-qutgan narsalarni hovliga eltib, darvozaga taxta qoqib, Rossiyagami, Qozogʻistongami otlanaversayam boʻladi endi. Oʻzi ilgarilariyam (onasi hayotligida) har zamonda, bir nimalarga muhtojlik sezsa, boshqalarga qiziqib, oʻsha yoqlarni koʻzlardi-yu, buning iloji yoʻqligidan qoʻl siltab qoʻyaverardi. Keyin, bunga yosh-yosh kuyovlari (kattaroqlari ham) xorijda yillab badar ketadigan, na yeyishida lazzat, na yashashida ma’no bor kelin-kelinchaklarning oʻtin-choʻp, tesha-ketmon yumushlari uchun qoʻshni yigitlarga moʻltirab, bozor-oʻcharlarda xalta koʻtarib, dalalarda oʻt yulib, boshoq terib yurishlaridan, tunlarni sovuq bolishni quchoqlab oʻtkazishlaridan, ularning ayrimlari toʻgʻrisidagi har xil maza-bemaza mish-mishlardan xabardor Risolat koʻnmasdi ham.

– Qoʻying, kunimiz oʻtib turibdi-ku, butun non yemasak, yarimta yermiz, lekin tan-jonimiz sogʻ, koʻnglimiz xotirjam. Xudoga shukr...

Ha, katta-katta yeb-kiyadigan, hadeganda oʻzini oynaga solib, unga-bunga koʻzi jalanglab turgan qiz, oʻgʻillarimiz yoʻq-da, agar boshqalarday sep tashvishi, chek olib uy solish gʻami boshini qotirganda, buyam «dunyoning narigi chekasidan boʻlsayam, qanday qilib boʻlsayam pul topib keling» deb, ikki oyogʻini bir etikka tiqarmidi, deb oʻylardi oʻshanda Rustam. Endi uning moʻltiraydigani, «qoʻying» deydigani yoʻq, boshi ochiq, istagan yeriga borishi, joniga tekkuncha yurishi mumkin. Uzoq-uzoqlarda, ish bilan mavril boʻlib, yuragi yozilar... Bir yilmi, ikki yilmi nasibasini terib, besh-oʻn tanga pul jamgʻarib kelsa, roʻzgʻorini yana butlab olaveradi-da. Ungacha koʻnikib ham qolar...

Uning xayolini Risolatning siniq ovozi buzdi.

– Rustam aka, manavi pichogʻingizni opketsam, maylimi?

Rustam ilkis bosh koʻtardi. Ayolning qoʻlida amirkon qini gʻarbga ogʻib, tigʻi bir qadar oʻtmaslashgan quyosh nurida yiltirayotgan pichoq turardi. Tiliga kalima kelmay qoldi. Yarogʻ otasidan yodgorlik boʻlib, uni sabzi-piyoz toʻgʻrash, umuman, roʻzgʻorga mutlaqo aralashtirmasdi. Faqat kechda, yotishdan oldin olma, nok archishgagina (qorasi chiqadi deb, anor, behiga ham solishmasdi) ishlatishib, oʻsha zahoti artib-tozalab, yana joyiga – uyning toʻri tomonidagi devor burchagiga, qariyb shift ostiga maxsus qoqilgan mixga ilib qoʻyishardi. Rustam uni koʻz qorachigʻiday asrab-avaylar, dastasi va gʻilofiga har zamonda oshdan keyin tovoqdagi yogʻ yuqidan surkab, tigʻini qumlab yuvib turardi. Qisqasi, Risolat bu matohning eri uchun naqadar aziz va qimmatligini juda yaxshi bilardi. Balki xotini, yuragingizni sugʻurib bering, desa ham Rustam bunchalik esankiramagan boʻlardi. Lekin ayni vaziyatda javdiragan koʻzlarga qarab, bu oʻtinchni rad etishning iloji yoʻqligini his etdi.

– Boshqa hech narsangizga tegmayman, – dedi Rustamning dami ichiga tushib ketganini oʻzicha baholagan Risolat zoʻraki kulimsirab.

Rustam qizarindi.

– Mol-dunyo sizdan aylansin, Risolat. Qaniydi oʻzimniyam qoʻshib olib ketsangiz...

Nihoyat, hamma narsa taxtlandi. Rustam paqirga solyarka quyilgan ikkita yelim shishani soldi, bir qulochcha bosh barmoqday tutakni mash’al simidan oʻtkazib yelkasiga ilgan edi, uni kuzatish uchun ayvonga chiqqan Risolat beixtiyor jilmaydi.

– Fijimlangan eski shlyapa, moʻylov kamlik qilyapti – Raj Kapurning oʻzi boʻlardingiz.

– Oʻzingizam arazlab oʻtirgan Radxadan qolishmaysiz, – dedi Rustam, lekin shu zahoti “araz” soʻzini oʻrtaga solganini oʻylab, tilini tishladi. – Koʻproq baliq tutsin, deb duo qiling. Bugun ovim yurishadiganga oʻxshayapti. Kun issiq, baliqlar kechqurun xoʻrak izlashadi. Yana bitta paqir olvolsammikin...

– Bittasiyam yetar, ikkitasini koʻtarish ham bor, – dedi Risolat.

Rustam endi qancha baliq ushlasayam, ayolga baribir edi. Lekin yana bir kunlik, bir kechalik vakolati qolgan zavjining koʻngli uchun, «ovingiz baroridan kelsin, faqat ja hayallab ketmang-a, qoʻrqaman, yuragim nimagadir gʻash boʻlib turibdi. Havoniyam avzoi boʻlakcharoq», dedi.

Risolatning sust, dilgirligini Rustam ertaga yuz beradigan ayriliqqa yoʻydi va ta’bi xira tortdi. Shaxti pasaydi, lekin oʻzini qoʻlga olishi lozimligini anglardi.

– Yaxshi, tezroq qaytishga harakat qilaman. Eshikni mahkam berkitvoling. Agar meni chaqirmoqchi boʻlsangiz, chiroqni pastlatib-balandlating. (Bu yerda elektr yoʻqligi uchun moychiroq, sham yo toshfonar ishlatishardi).

U xotinini kuldirish uchun xuddi askarday «chestь» berdi-da, orqasiga aylanib, shaxdam qadamlar bilan yoʻlga tushdi. Bir oz yurgach, sekinlab, ortiga birrov koʻz tashladi. Risolat joyida qaqqayib turar, nazarida u hamon parishon edi. Rostdan, ajralish toʻgʻrisidagi qarorlari toʻgʻrimikin? Keyin nima boʻladi? Risolat-ku, akasinikidan panoh topar, xoʻsh, Rustam-chi, yoʻli ochilmay, Rossiya tarafga borolmasa-chi? Unda u qayerda, kim bilan yashaydi? Turgan gapki, daryo boʻyida, qishloqdan uzoqda tanho oʻzi hayot kechirolmaydi. Har qalay, mahalla durust. Shavkat qachondir qishloqqa qaytar. Qaytmasa, Rustamga qiyin boʻladi...

* * *

Kun chiqishda, osmonning yer bilan tutashgan qismida kechadan beri aylanayotgan qora bulut quyuqlashganday koʻrindi. Farbda esa, quyosh choʻgʻday yalligʻlanib, pastga ogʻa boshlagandi. Kun qizarib botsa, qizingni uzat deydilar, demak, havo ochilib ketadi.

Yengil shabada esardi. Rustam qalinroq bir nima kiyib olmapman, deb koʻnglidan oʻtkazdi. Egri-bugri soʻqmoqdan sinib tushgan shox-shabbalarni qisirlatib tepalab borarkan, chindan ham tezroq qaytish kerak, dedi ichida. Omadi chopib qolsa, yarim soatning nari-berisida paqir toʻladi. Bir chelak baliq – oʻn-oʻn ikki kilo, demak, toʻrt-besh mingdan boʻlsa, qirq-ellik ming soʻm. Maydalab koʻproqqa pullash ham mumkin, ammo chakanalab oʻtirgani vaqti ham, imkoni ham yoʻq edi, tushlikka Risolat palov damlashi lozim. Yigirma mingga durustroq bir koʻylaklik berar, toʻrt mingga yarim kilo qoʻy goʻshti oladi, qoʻy goʻshti yeyishmaganigayam yillar boʻldi-yov, guruch uyda bor, yaxshiyamki Qoradaryo oʻzanidan har yili besh-olti soʻtix qoʻriqqa sholi ekib oladi. Endi, ishqilib, oʻzangayam xoʻjayinlar chiqib qolmasa...

Oʻsha katta toshqindan keyin Qoradaryo qaytib gupirmadi... Tepada suv ombori qurilgach, yildan-yilga daryoning barakasi, fayzi oʻchib borardi. Yuqoridagilarning Orol, Orol deb eslari ketadi, xalqaro anjumanlar oʻtkaziladi. Bu yoqlarda ombor, toʻgʻon qurib, boʻgʻib yotishaversa, dengiz-koʻllarga suv qaydan yetib borsin!

Shu yillarda keng oʻzanning u yer-bu yerida shaldirab oqayotgan suv tizza boʻyi, sal chuqurroq, boldirdan keladigan joylar ham bor edi. Baliqni aynan ana shunaqa sayoz shaldiramada ovlash qulay edi.

Rustam yoʻl-yoʻlakay Oʻrmoncha ichidan oʻtgan ariqning chuqurroq kamari ogʻziga, qamishlar orasiga qoʻygan savatlarni koʻtarib qaradi. Bittasidan ikkita shim – moybaliq chiqdi, ikkinchisida hech vaqo yoʻq edi. Kuni boʻyi izgʻib yuradigan molboqar bolalar, oʻsmirlar savatlarni ship-shiydam qilib ketishgan boʻlsa kerak. Ha, shumgʻiya-zararkunandalar!..

Kun batamom choʻkdi, lekin alvon shafaqlari hali ufqni yalligʻlantirib turardi. Risolat bir oʻzi, ayol kishi, qoʻrqadi. Shuning uchun Rustam daryo boʻyida yashay boshlaganlaridan beri deyarli kechda baliq ovlamas, hatto mahalladagi gap-gashtaklar, ulfatchiliklarga ham qoʻshilmasdi. Aslini olganda yozda – tarkibida “r” harfi yoʻq oylarda baliq yeyish tavsiya etilmaydi va urchish mavsumlarida ularni ovlash ham ta’qiqlanadi. Lekin bu qoida va qonunlarni biror marta, istisno tariqasida chetlab oʻtsa hech narsa qilmas. Bozorda qishin-yozin baliq uzilmaydi-ku. Dolzarbda aqcha topishning boshqa chorasi boʻlmasa...

* * *

Rustam zumrasha bolalar oyogʻi kamroq yetib boradigan – narigi sohilga yaqin shaldiramalarda baliq koʻproq boʻlishini tusmollab, oʻrtadagi toshloq va kechuvlardan oʻtib, qadamini jadallatardi. Moʻljaldagi joylardan biri – shaldirama shitob oqadigan muyulishda poyabzalini yechib, boshqa mayda-chuydalar bilan pakana, tarvaygan yulgʻun yoniga qoʻydi. Oyogʻiga yelim shippakni ildi. Dumaloqlangan paxtaga solyarka quyib, gugurt chaqdi, soʻng kulbalari tomonga qaradi. Masofa salkam bir chaqirim boʻlsa-da, uy ancha tepalikdaligi va orada baland dov-daraxt yoʻqligi bois gʻira-shirada ham xiyla aniq koʻzga tashlanardi. Risolat chiroqnimi, toshfonarnimi yoqibdi. Lekin hali atrofga tun qora choyshabini butunlay yozib ulgurmagani uchunmi, lampa xiragina miltillab koʻrinar, bu holatda koʻtarib-pastlatilganini yaxshi ilgʻash qiyinga oʻxshardi.

Rustam shimi pochasini tizzasidan yuqoriroqqacha shimarib suvga oyoq soldi. Suv gʻoyat huzurbaxsh edi. Mash’alaning temir tayogʻini qiyshaytirib, yorugʻi soyga tushadigan qilib, toshloqqa qoqdi. Paqirni uning yoniga oʻrnashtirgach, bir qoʻliga tarashaday qotirilgan non solingan mayda toʻrli maxsus xaltani, ikkinchisiga oʻroqni oldi. Boldirni ham koʻmib-koʻmmaydigan tiniq shaldirama ostidagi katta-kichik oq, qora, kulrang, nosrang toshlar yolqin shu’lasida yarqirab, titrab-tebranar, bosganda yoqimli gʻijirlardi.

Hamma yerda, barcha sohada yolgʻiz odamning ishi qiyin-da. Hozir Rustamning qavatida yana bir kishi boʻlganda, u mash’ala bilan paqirni koʻtarib, yonida yo qirgʻoq boʻylab bir-ikki qadam oldinroqda boraverar, Rustam esa bir qoʻlida xoʻrakli xaltani suvga pishib-pishib, uning hidiga kela boshlagan baliqlarni ikkinchi qoʻlidagi oʻroqning uchi bilan asta urib, sanchib, chelakka tashlab ketaverardi. Bir oʻzi unday qilolmaydi. Idish bilan mash’alani jildirib-jildirib turish kerak.

Barcha jondorlar ichida hidni uzoqdan sezishda baliqqa yetadigani yoʻqdir-ov. Rustam toʻr xaltani solib, bir necha lahza turdi xolos, bir suyam, undan maydaroq shim, oq amurlar lapanglab kelib, nonni yulqilay boshladi. Rustam oʻroqni koʻtardi-yu tinib qoldi, jonivorlarning xalqachasimon dahanlarida shoshqaloqlik bilan xoʻrakni tishlab-tortqilashayotganini, ularning alanga yogʻdusida yaltirayotgan silliq tanasi, nozik harakatlarini bir pas zavq bilan tomosha qilib turdi. Odamiyat tabiat moʻ’jizalaridan biri, shunday beozor, jonon mavjudotni ham shafqatsizlarcha tutib, berahmlik bilan chopib-toʻgʻrab, jizgʻanagini chiqarib qovurib, jigʻildoniga uradi-ya. Insondan vahshiy, qahri qattiq maxluq boʻlmasa kerak... Xoʻsh, oʻzlari-chi, Rustamboy? Boshqalar-ku oʻz yoʻliga, axir, sen shu begunoh, beozor himoyasizlarni qoʻriqlashing, har xil kushandalardan, bandai ofatkashlardan muhofaza qilib, asrab-avaylashing kerak emasmi?.. Toʻgʻri, ammo Olloh bu luqmai halollarni suyukli, aziz qullari uchun shifobaxsh taom sifatida vujudga keltirgan ekan-da. Ular yeb turilmasa, daryo, dengizlarga sigʻmay ketadi, keyin oʻlib sasiydi. Parvardigor nafaqat baliqlarni, yer yuzidagi ayrim taqiqlangan, nohalol hisoblanganlardan tashqari jamiki ne’matlarni bashar farzandining nafsi-manfa’atiga shafe, tobe yaratgan. Xoʻsh, zoti oliy shuncha marhamatu muruvvatlar evaziga, minnatdorligiga nima qaytaradi? Nima qaytarishi kerak? Taqvo va odob, moʻminlik, besh vaqt namoz va yana bir necha farz amal. Afsuski bandai beandoza, beparhezlar shugina vazifalarni ham yolchitishmaydi. Hatto, mutlaqo zahmatu riyozat, fursatu mablagʻ talab etmaydigan, aksincha, oʻziga faqat naf keltiruvchi, jannatga kirishiga ishonchli yorliq ahamiyatidagi halollik, insof, diyonat, odamiylik kabi oddiy bandalik, ummatlik burchlariga ham rioya qilmaydilar, bil’aks, bunday shukrona va oqilona amallar oʻrniga teskari ishlar – buzgʻunchilik, gʻayirlik, poraxoʻrlik, qotillik, dilozorlik, fahsh va boshqa ta’qiqlangan yumushlar bilan hech tap tortmay shugʻullanib, oʻzlariga berilajak ajr va umrni qisqartiradilar-da, birovlar tutib qolishga urinsalar, etaklarini jahl bilan silkib, jahannam sari oshiqadilar. Nojoiz xatti-harakatlar, amallarga sarflangan vaqtlar nafaqat behuda, bexislat, balki koni ziyon, koni uvol, koni zavolligini, zinhor-bazinhor chin umr sanogʻiga qoʻshilmasligini anglamas gʻofillar kabi ish tutadilar.

Rustam yuqoriga tomon jilib-jilib, mash’ala va paqirni siljitib-siljitib, oʻroqlab yigirmatacha baliq tutganda rosmana qorongʻi tushib, harorat xiyla pasaydi, suv sovudi, negadir baliqlar ham kamaydi. Bu sodda, moʻmin jonivorlar ham ancha mugʻombir, ustagar boʻlib qolishganmi, choʻqilab qochib-choʻqilab qochib, uch-toʻrtta kulcha nonni paqqos tushirishdi. Rustam bir baliqqa oʻroq yo sanchqi urdi deguncha sheriklari yashin tezligida tum-taraqay boʻlib ketishardi. Rustam shu qadar silliq, qoʻl-oyoqsiz maxluqotlarning xavf tugʻilgan zahoti oʻqday uchib qochishi, ayniqsa pahlavon inson ham evini qilolmaydigan kuchli, shitob oqimda ham yuqoriga qarab bemalol, chaqqon suza olishlaridan hayratlanardi. Toʻr xaltani suvga odatdagidan uzoqroq solib turar, baliqlarning avval maydalari, keyin yiriklari bitta-ikkita boʻlib kela boshlashardi. Aftidan endi qornini ancha toʻygʻazib, nafsi orom olganlari, chalaroq tigʻ yeganlari qaytib kelmas, chamasi ular boshqalarni ham qurolli «yov»dan ogoh etishardi. Hademay baliq butunlay siyraklashdi, yiriklari deyarli koʻrinish bermay qoʻydi. Jajji-mittilari hadiksirabgina yaqinlashardi-da, yana birdan duvullab «quyon»ni urishardi. Paqir toʻlay deb qoluvdi, har qalay, bugun ish yomonmas, lekin Risolatning bir oʻzini tashlab kelgani yaxshi boʻlmadi, yuragi qinidan chiqay deb oʻtirgandir...

VIII

Shaldirama ovozi sal balandlaganday tuyuldi. Rustam buni atrofdagi har xil sas-sadolar oʻchganidan deb oʻyladi. Ittifoqo shishaday tiniq, yaltiroq suv yuzi xiralashib, koʻpayayotganini payqadi-yu, koʻngliga vahima oʻrmaladi: nahotki?..

U apil-tapil toshloq-oʻzanga chiqib quloq soldi va yer ostidan kelayotgan qoʻrqinchli guldirashni eshitdi. Ha, bu shiddatli tus olayotgan oqimning ovozi edi. Rustam mash’alani, yelim shishalarni irgʻitdi-da, zarur narsalarni yigʻishtirib, orqa-oldiga qaramay zipilladi. Uylari roʻparasidan ancha yuqorilab ketgan edi. U yoʻlni qiyraxoniga soldi. Shippak shapillab gʻashiga tegar, tez yurishga xalaqit berardi, uni ham yechib otdi. Sohilgacha yana uchta shaldirama bor, har birining oraligʻi sakson-yuz qadam kelardi, oraliqlar esa toshloqlardan iborat. Rustam har qancha yalangoyoq yurishga oʻrgangan boʻlsa-da, shitob odim otganda qirrali toshlar oyogʻiga botar, goho yulgʻun yo boshqa butalarning butoqli novdalari yuzini timdalar, lekin u ogʻrigʻu achishishlarga parvo qilmay, yugurishda davom etardi. Goho chuqurga munkib, arang oʻzini tutib qolardi.

Suvning shovqini tobora koʻtarilardi. Bu balo qayoqdan keldiykin? Axir, yigirma yildan beri bunday hodisa yuz bermagandi-ku. Toʻgʻri, katta qor yoqqan, ba’zi seryogʻin yillari chapazak olma pishigʻida daryo sal hovliqib qoʻponglardi, ammo bu darajaga yetmasdi. Ombor ochilib ketsa, viloyat yetti gaz suv tagida qolarmish, degan yurakka gʻulgʻula soluvchi «mish-mish»lar ham ancha paysal topgan, xalq xotirjamroq yashay boshlagan edi. Yo, suv toʻplanishi me’yoridan ortib ketib, yengillatish uchun toʻgʻonni ozroq ochishdimikin? Suvning sovuqligiga qaraganda shunaqaga oʻxshardi. Ishqilib, «Qora xoʻja» boʻlmasin...

Rustamning fikri-yodi shaldiramalardan tezroq oʻtib olishda edi. Qorongʻida qadamni bemoʻljal tashlar, toshloqda yugurish qiyin edi, toshlarning bir-birini ezib gʻijirlashi yoqimsiz eshitilardi. Vaqtning uchqur oti odatdagidan ham jadal yelayotganday, yoʻl esa qisqarmayotganday tuyulardi. Nihoyat, dastlabki shaldiramaga yetib, uning ancha kengayganini koʻrdi. Tabiiyki, oʻzan ham chuqurlashgan edi, suv tizzadan tepaga chiqdi. Rustam chelak va oʻroq tutgan qoʻllarini koʻtarib, shaldiramadan oʻtdi, endi suv toʻpiqqa yetgan toshzordan yana chopira-chupir qilib sura ketdi. Tovonlari ostidan tirqirayotgan suv boʻyni, betlariga sachrardi. Ogʻirlashgan shimining muzday pochalari shaloplab, iligiga tegib sovqottirar va tez yurishga halal berardi. Paqir, oʻroqni bir qoʻliga olib, ikkinchi qoʻli bilan yoʻl-yoʻlakay kamarini, shimining tugmalarini yechdi, hakkalab, qoqilib-suqilib avval bir oyogʻini, keyin ikkinchisini chiqarib oldi, yengil tortgan matoni suv bir yamlab yutdi-qoʻydi.

Endi suvning shovqini baralla eshitila boshladi. Rustam hansirab-pishillab, kuchining boricha chopar, ikki koʻzi uylari tomonda, lekin chiroqning shu’lasi miltirab, arang koʻrinardi. Nazarida Risolat lampa piligini toʻxtovsiz pastlatib-balandlatayotganday edi. Bechorani oʻtakasi yorilmasaydi, deb xavotirlanardi. U xotinini yolgʻiz qoldirib, ovga tushganiga afsuslanardi. Suv koʻz oldida oshib-toshib, pishqirib tursa, bunaqa halokatni bir bor boshdan kechirgan ayol qoʻrqmaydimi, qoʻrqadi-da. Toshqin ham bugunga qarab turgan ekan-a. Shuncha yillardan beri odamlar, ekinzorlar, dov-daraxtlarga oʻzini tillo koʻrsatib, oʻzani yuqida jimgina jildirayotgan daryo yana bir kun, bir kecha sabr qilsa, keyin qancha qutursayam mayliydi. Uzogʻi bilan bir soatda Rustam lash-lushlarini yigʻishtirib, idish toʻla oʻljasini ortmoqlab chiqib ketgan boʻlardi. Yo bu ishi Ollohga xush kelmadimikin?.. Risolatni koʻnglini koʻtarib kuzatay devdi-da. Qoʻy goʻshtiga osh damlashni moʻljallab, oʻz amakisi, Risolatning akasini ertaga peshinga taklif etib qoʻyishuvdi, osh ustida ularga oʻz kelishuvlarini, ya’ni yaxshilik bilan roʻzgʻorlarini boʻlishmoqchi ekanliklarini bildirib, fotiha berishlarini soʻrashmoqchi edi...

Keyingi shaldirama yanada tarvayib, ikki tarafdagi toshloqni ham toʻla egallagan edi. Rustam endi sonidan suv kechib borardi. Besh-olti kilo ogʻirlikdagi chelak bilan shitob harakatlanish mushkul edi. Rustam baliqning ham, boshqa mayda-chuydalarning ham bahridan kechish darkorligini angladi.

* * *

Sohilga yuz ellik qadamcha qolgan, oʻrtada yana bir shaldirama (endi u shaldirama ham emas) boʻlib, bu masofani hozirgi vaziyatda kamida oʻn besh-yigirma daqiqada bosib oʻtish mumkin edi. Suv endi toshloqda ham boldirga chiqqan, yugurish sur’ati tobora susayar, ammo Rustam mardona odimlar bilan ilgarilardi.

«Rustam aka-a-a!..» degan qiyqiriq keldi. Tashqariga chiqib, chiroqni u yoqdan-bu yoqqa tebratib ishora berayotgan besaramjon Risolatning jussasi elas-elas koʻzga chalindi. Qichqiriq dam oʻtmay takrorlandi.

– Bor-yap-ma-a-an!.. – ovozining boricha javob qaytardi Rustam entikib. Lekin Risolat eshitmadi chogʻi, chaqirishda davom etardi.

Tanasi vazminlashib, qadami sekinlashib borayotgan Rustam xotinining ovozidan, sergaklanib, jon-jahdi bilan olgʻa intila boshladi. Miyasida esa «u vahimada qoldi» degan birgina fikr, fikr bilan birga boshi ham aylanardi. Vujudining yarmidan tepasi qizib, peshonasi, yuzlaridan tepchiyotgan terlar suv sachramalariga qoʻshilib koʻzlarini achishtirardi. Suvning sovuqligini tanasining pastki qismi borgan sayin aniqroq sezar, ayniqsa, shilpillagan kalta ishton soniga chippa yopishib, etini junjiktirardi. Ishqilib, oxirgi shaldirama-kechuvdan oʻtib olsa boʻlgani. U yogʻi hech qancha emas, ammo ungacha ham ancha yoʻl, ancha muddat bor edi. «Rustam aka-a-a!..» degan hayqiriq esa tobora aniqroq, tobora vahimali, tobora tashvishli va iztirobli yangrardi. Risolatning qattiq xavotirlanayotgani, toqatsizlanib uy oldida u yoqdan-bu yoqqa zir yugurayotgani, nima qilishini bilmay, Rustamni chaqirayotgani – loaqal shu chorlovi, nidosi bilan unga dalda, madad boʻlishga tirishayotgani ayon edi. «Kelyap-ma-an, kelyap-ma-a-an!..» deya oʻzicha qattiq sado berardi Rustam, ammo hansiroq bilan qorishiq, hadik, tahlika zalvori ostida, daryo shovqini ichida qolgan tovushi oʻzi oʻylagan darajada kuchli, baland emas, borini ham shamol etakka – kunbotarga uchirib ketayotgandi.

* * *

Nihoyat, uchinchi, soʻnggi kechuvga ham yetdi, endi u yerda shaldirama – oʻzan mavjudligini faqat ikki tomonda suvdan uchlari chiqib turgan, arang koʻzga ilashayotgan yulgʻun shoxlaridan taxmin qilish mumkin edi, xolos. Qoramtir va quyuq suv hammayoqda teng, limillab, chinakam toshqinga aylanayotgandi. U kuchayib, odamni tebratadigan, suradigan miqyosga yetgan, Rus¬tam endi gavdasini oldinga engashtirib, butun vaznini oyoqlariga solib, qoʻllarini baland koʻtarganicha, qorni bilan suvni yorib, panjalarini chimdib bosib, olgʻa siljirdi. Shunda ham oyoqlari moʻljaldan oʻzga yerga tushardi. Suv quymichdan ham oshgan edi. Rustam endi qancha shitob harakat qilmoqchi boʻlgan sayin gandiraklab, qadamlari oldinga emas, yonboshga, oqim yoʻnalishi sari ketardi. Suvning sovuqligi jonidan oʻta boshladi. Yuzlari koʻkarib, koʻzlari shokosaday kengayib borardi. Yodiga birdan shifokor-tabiblarning bel-oyogʻini, ayniqsa chovini mumkin qadar shamollatmaslik, sovqottirmaslik, hatto zax yerga ham oʻtirmaslik toʻgʻrisidagi ogohlantirishlari, shuningdek, bir oyogʻining sovuq suvda pay tortib qolishi esiga tushdi. Bir necha yillar burun radikulit bilan beli, quymichi va oyogʻi qattiq ogʻrib, shifoxonama-shifoxona davo izlab yurganida bir nevropatolog chap tizza ostidan oʻtgan yoʻgʻon pay-tomirga oʻnlik shpritsda gidrokortizon dorisini yuborgan, bu tajribaviy muolajaning nafi sezilmaganu ammo keyin oʻsha pay har zamonda uvushadigan «hunar» chiqarib, ancha tinkasini quritgan. U holat ancha yillardan soʻnggina yoʻqolib ketgan edi. Oxirgisi Shohimardonda, Yordan azizning qorli togʻlar bilan tutash vodiysida, sayxonlikda yoyilib, shovullab oqayotgan, tizzadan ham kelmaydigan muzday soyni kechib oʻtayotganida yuz bergan. U oyogʻini toʻsatdan qirrali narsaga urib olganday ihrab, suvga chalqancha yiqilib tushuvdi. Oʻshanda hamsafar ogʻaynilarining silab-siypalashlari bilan akashak degan balodan bir choy qaynatim muddatda xalos boʻlgan. Risolat oʻsha hodisadan xabardor edi, unga bekor aytib bergan ekan, hozir u shuni oʻylab tashvishlanayotgandir. Pay tortishish juda be’mani, bedavo narsa. Oyogʻing birdan ishlamay, kesak boʻlib, har qanday ogʻriqdan ham bemaza, yaramas bir nima vujudingni zirqiratib, chimillata boshlaydi, oʻzingniyam idora etolmay, fikri-zikring uvushgan yeringdan jilmay qoʻyadi. Yana oʻsha palakat takrorlanmasin-da. Bugun endi uni suvdan koʻtarib olib chiqadigan odam yoʻq. Birov xabar topib yetib kelguncha uning jismi qayoqdayu, joni qayoqda boʻladi – yolgʻiz Xudo biladi. Ha, ishqilib, eson-omon qirgʻoqqa yetib olsin. Bunday toshqinda oyoq pay tortsa, tamom, arzi holingni hech kimga aytolmay, ikki qoʻling boshingda ketaverasan. Dod-voyingni jon zoti yoʻq bu makonda kim ham eshitardi?..

IX

Avaylagan koʻzga choʻp tushar. Suv betida xas-xashak, mayda shox-shabbalar oqib, ostida esa qandaydir daraxtlarning toʻnkasimon boʻlaklari dumalab kelardi. Rustamning tizzasi koʻziga nimadir qattiq urildi, u chinqirib yubordi, muvozanatini yoʻqotdi, toʻlqin uni yonboshiga agʻdarib tashladi. Tamom, hayot-mamoting bitdi, Rustam!.. Sen noshukrlik kasriga qolding. Olloh sunmagan farzandni deb... Kuning baharnav oʻtayatuvdi, koʻplar senga havasda, xotiningga gap yoʻq edi... Rustamning ongidan nari borsa shunga yaqin mulohazalar kechdi, boshqa oʻy boshiga kelib ham ulgurmadi. Zero, fikri-yodi qazoyi muallaqdan omon qolish, oʻzini oʻnglab, kuchli toʻlqinga qarshi kurashish gʻami, qaygʻusi bilan band edi. Rostlanib olish, tik turish, gʻayri-shuuriy ravishda qoʻl choʻzib, nimanidir tutamlashga urinardi. Ikki-uch umbaloq oshdi, hayriyatki oʻzan uncha chuqur emas edi. Beli, yelkalariga mayinroq nimalardir urilardi. «Yulgʻun!..» – xayolidan oʻtdi, paypasladi, barmoqlariga bir nima ilashdi, jon halpida unga yopishdi, lekin changalidagi narsa uni tutib qololmadi, aksincha u bilan birga ketaverdi. Rustam qoʻlidagini tashlab, boshqa bir baloni ushladi, gavdasi aylanib, oyoqlari oqim bilan yengil suza boshladi. «Xudoga shukr...» koʻnglidan oʻtkazdi u, hali nima boʻlishi noma’lum, ehtimol, bu bolta tushguncha dam oladigan kundaning quvonchiday bir holdir, lekin Rustam baribir ruhlandi. Choʻkayotgan choʻpga yopishar deganlariday, bunaqa paytda bir parchagina, parday yengil xas ham ofatdan qutulish, jon saqlashga ma’lum bir soniyalarga boʻlsa-da, ilinj uygʻotadi. Ajali yetmasa, chindan ham ana shu choʻp sitilib, hilvirab turgan umr rishtasining uzilmay qolishiga bahona, sabab boʻlishi mumkin.

Ikki qoʻllab yulgʻunga osilgan Rustam butaning tagrogʻidan, yoʻgʻonroq, baquvvatroq joyidan mahkam changallab, shu asnoda tovonlarini suv tubiga tirab, oyoqlarini yigʻmoqchi boʻlar, tayoqday qotib qolgan chap buti amriga boʻysunmasdi, aksincha, chunon qaqshatardiki (xavf-xatar bir oz chekingach, ogʻriq sezimi kuchaygan edi), Rustam voy-voylash, ingrashdan oʻzini tiyolmasdi. Bir amallab sogʻ oyogʻini yerga qadadi, shikastlangani esa hamon jonsiz, bosishga unamasdi. Muzday suv son-sanoqsiz ignalar kabi badaniga sanchilib, zirillatib azob berar, kaftlari, tirnoqlarining uchigacha bezillar, yulgʻun sirgʻalib, sidirilib ketadiganday, butani qattiqroq siqimlardi. U shunchaki toshqin bilan emas, ajal bilan olishayotganday sezardi oʻzini. Haqiqatda ham shunday edi. Mabodo panjalari yulgʻundan chiqib ketsa, bas, quturayotgan toʻlqinlar gavdasini chirpiratib, bir nimaga urishi yo girdob qa’riga uloqtirib, choʻktirib yuborishi turgan gap edi. Shu ahvolda suvning sovugʻiga qancha fursat chidashi ham dargumon edi. Rustam bexosdan «Riso-la-a-at!..» deb baqirdi. Zero, shu topda, bu yaqin orada xotinidan oʻzga koʻmak soʻraydigan kimsa ham yoʻq edi. Ayol kishining qoʻlidan nimayam kelardi? Baqirib-chaqiradi, yigʻlab-siqtaydi... Balki Rustam ayni damda juvondan madad umidida qichqirmagandir, shunchaki uning nomini atab, ovozini eshitib, tasalli topmoqchi va hozircha mavjudligini, shu yaqin-atrofdaligini sezdirib, yana bir kechalik muhlati, vakolati qolgan yostiqdoshining bezovta, xavotirli koʻnglini bir oz xotirjam qilib qoʻymoqchi boʻlgandir. Sirasini aytganda, u jufti halolini nega, qanday maqsadda chaqirganini durustroq idrok etadigan holatda emas edi. Aftidan tahlikali, qaltis vaziyatlarda kattayu kichik, yoshu qari tilidan gʻayri ixtiyoriy ravishda otiladigan «Ona-a-a!..» degan nido oʻrniga Rustamning yuragidan iztirobli “Risolat” atamasi portlab chiqqan edi. Bu hayqiriq barcha tomirlaridan sizib kelganday, butun vujudini zirqiratib yubordi. Shovqin bilan omixta shamol «Rustam aka-a-a!..» degan sadoni keltirdi. Ostin-ustun olam titrab ketganday tuyuldi nazarida. Guvlagan, qaldiragan tovush, suv ostidagi tuyqus zarb¬dan esankiragan katta-kichik, silliq, qirrali toshlarning sharqiragan saslari shu ikki ismdan boshqa kalomni yaxshi eshittirmas, anglashtirmas edi. Holbuki, oradagi masofa uncha uzoq emas, agar kunduzi boʻlganida ular bir-birlarini bemalol, aniq-tiniq koʻra olishardi.

Ogʻriq pasayay demas, sovuq esa, aksincha, kuchayar, lekin endi shundoq toshqin yalab, ancha-muncha koʻchirib tushayotgan qirgʻoq yoqasidagi kulbaning koʻlankasi, kulba oldida qoʻlida chiroq bilan shu tomon nariga intiq moda kabutardek talpinayotgan jonsarak hamyostigʻining yuragiga yaqin, qulogʻiga qadrdon ovozi, uning yonida tinimsiz hurayotgan Qaytmas, darhaqiqat, Rustamga dalda, kuch bera boshlaganday edi.

– Riso-la-a-at!.. – qichqirardi u. Bu qiyqiriqda iltijo bilan birga, erkakning ayolga, erning zavjasiga mehri, judolik hadigi, hayotga tashnalik, shuningdek, mardonalik, yupanch berish murodi ham mujassam edi.

– Rustam aka-a-a!.. – chinqirardi Risolat.

Bu javob-xitoblarda qaqshab-titrayotgan mushfiq, munis juvonning mungli far¬yod-figʻoni, aziz hamdamini yoʻqotib qoʻyish tahlikasi bilan birga «men vafodoringizman, siz – hayotim, borligʻimsiz, sizsiz holim nima kechadi?» degan, mas’uliyatga, xushyorlikka undovchi, tetiklantiruvchi da’vat ham borligini anglash mumkin edi. Faqat Rustam hozir buni mushohada qiladigan vaziyatda emasdi.

Er-xotin bir-birlarini aniq koʻrmasalar-da, bir-biriga intizor, vajohati buzuq tun saltanatiga larza, titroq solayotgan nidolari oʻzaro topishib, qoʻshilib, hamohang jaranglar, bu jarangning aks-sadosi esa toshqin hayqirigʻi bilan aralashib, beshik-beshik toʻlqinlar uzra juda keng qamrovda taralardi. Ammo suv shovqini va Qaytmasning bezovta vovullashi bir-biriga mushtoqona intilgan ikki sazoning orasiga tushib, tiniqligiga soya solardi.

Rustam hali-hamon lat yegan oyogʻini suv ostidagi toshloqqa bosolmas, hamon durustroq qimirlatolmas edi. Shunda u taxmin qildiki, tizzaga shikast yetgan paytda, demak, uvushish ham boshlangan, joniga hamon yulgʻun ora kirib turardi. Uni qoʻyib yuborish, oldinga qadam tashlashni xayolga keltirish ham dushvor edi. Shu ahvolda qachongacha bardosh beradi-yu, keyin nima boʻladi – Rustam buni ham bilmasdi, tasavvur qilolmasdi, miyasida biron-bir joʻyali fikrning oʻzi yoʻq edi. Qoʻllari qanchagacha chidasa, shuncha jon saqlash mumkin edi, xolos. Yaxshiyamki, shu yerda uning baxtiga pishiq-chayir shu butaning borligi, boshqa har qanday oʻsimlik allaqachon sinib yo ayrilib ketardi-yu, Rustam onasini uchqoʻrgʻondan koʻrardi. Balki bu Xudoning mehribonchiligidir. Boshqacha boʻlishi ham ehtimoldan xoli emas. Demak, umid chirogʻini puflashga hali erta. Olloh qudratli va rahmdil: xohlasa choʻktiradi, xohlasa oqizadi, xohlasa omon qoldiradi...

X

Mahalladan koʻmak chaqirish mumkin, lekin Risolat bir chaqirimdan ziyod joydan odam topib qaytguncha sovuqdan tarashaday qotishi yoki qoʻllari tolib, yulgʻundan chiqib ketishi yo xushini yoʻqotishi hech gapmas... Xotini sal nariroqdan «Yordam beringlar!..» deb qiyqirsa-chi? Unda mahalla yopirilib tushsa, bir tutam butaga osilib turgan Rustamning holini koʻrib rosa kulishmaydimi? Ertaga bu gap butun qishloqqa tarqalmaydimi? Har xil mish-mish toʻqilib, Asqarning qulogʻiga ham chalinsa-chi?.. «Oʻzini eplolmaydigan landovur Risolatni qanday qutqarib oluvdiykin?..» deb oʻylamaydimi? Bunaqa sharmandalik oʻlimdan battar-ku, undan koʻra... Lekin bir moʻ’jiza roʻy berishini kutib turaverish ham mumkinmas, qandaydir chora izlash, harakat qilish kerak-ku!.. Birdan Rustamning yodiga omborchadagi oltilik sim oʻramasi tushdi, u uzun – necha metrligi esida yoʻgʻ-u, yuz ellik qadamlar chamasi naridagi shiypondan elektr tortishga moʻljallangan, har qalay, shu yergacha bemalol yetishi aniq edi. Bir uchini ayvon ustuniga bogʻlab, tortib kelinsa, oʻshanga osilib, qirgʻoqqa chiqib olsa boʻlardi. Buning uchun kuchli bir qoʻl zarur. Demak, baribir Risolat Odash polvonga borishi kerak. Polvon uyida boʻlmasa-chi? Unda, boshqa kamida ikkita yigitni... Shunday toshqinda, yana allavaqtda muzday suvga tushgani kim ham jon deb yugurib kelardi. Bir navi unaydigan ham topilar, axir, mahalla izdihomlarida Rustam hamisha hoziru nozir-ku, ammo, shunday bemahalda, zim-ziyo soʻqmoqlardan Risolat u yoqqa bir oʻzi qanday boradi?.. Aytganday, Qaytmas boru...

Rustamning bir xayoli ishkal oyogʻi va qoʻllarida edi. Boʻgʻinlari zirqirab, nazarida barmoqlari butaning nozik uchiga yaqin kelib qolayotganday, chayir novdaga yanada qattiqroq, jon-jahdi bilan tirmashardi, kaftlariga gʻadir-budir tanasi botib, tilib, qonatib yuborganday tuyular, panjalari achishardi.

Shovqin sal susayganday edi, ammo toʻlqinlar Rustam bilan oʻchakishganday, uning qarshiligini sindirishga jazm qilganday, qornidan zarb va jahd bilan orqaga itarardi.

* * *

Rustam tun chuqurlashgan sari zimistonning yanada quyuqlashishidan choʻchiyotgandi. Suvning toʻq rangi kechaning tusi bilan uygʻunlashib borardi. Koʻkda, goʻyo toʻsatdan chiroq yonganday, lop etib sakkiz-oʻn kunlik oy koʻrindi va uning nurlari algʻov-dalgʻov suv yuzasida sakrab-sapchib jilvalana boshladi. Siyohiy bilan oq, zulmat bilan yorugʻlik, dagʻallik bilan mayinlik, yovvoyi vahshat bilan latif bir ma’sumlik oʻzaro uyqashib ketdi, atrof – qora¬yib pastlagan osmon yorishib, birdan darparda kabi tepaga koʻtarilganday, sohildagi qoʻqqaygan uy, qoʻlida toshfonar tutgan uzun oq koʻylakli ayol xiyla ravshan koʻzga tashlandi.

– Risola-a-at! – qichqirdi Rustam endi uning aniq eshitishiga ishonch hosil qilganday. Juvon pitillab qoldi, ammo chirogʻ ushlagan odam qorongʻilikdagini yaxshi ilgʻamaydi-ku, «Rustam aka-a, qayerda-si-iz?..» – deb nido berdi.

– Men yaqinda-ma-an!..

– Nima boʻldi-i? Nima qilay?.. – Risolat sal xotirjam tortgani tovushidan seziladi, soʻzlar chindan ham rosmana tushunarli edi, chunki toshqin shashtidan qayta boshlagandi.

– O-yo-gʻim u-vu-shib qol-di-i! – iloji boricha qattiqroq baqirdi Rustam. – Om-bordagi sim-ning bir u-chi-ni us-tun-ga bay-lab, men to-mon-ga tor-tib ke-lish ke-ra-ak! Mahal-la-dan O-dash pol-von-ni ay-tib ke-li-ing! Qayt-mas-ni bosh-la-vo-liing!..

Qirgʻoqdagi oq libos gʻoyib boʻldi. Chopqillab ketdi boyaqish, ishqilib, Odasha¬li uyda boʻlsin-da, endi u halloslab yetib tushib, simni bu yerga tortib kelguncha oyogʻi, qoʻllari chidash bersa, yulgʻun sinib yo uzilib ketmasa, bas. Rustam oʻzini chalgʻitish uchun yana taxminiy hisob-kitobda davom etdi: mahallaga yugurib, oʻn daqiqada borsa boʻladi. Odash polvonni chaqirib, unga voqeani tushuntirib, u tayyorlanib ( bir sidra qoʻshimcha kiyim olishi kerak) chiqqunicha, kamida besh-olti minut, xullas, yarim soat ketadi. Lekin hozir kechasi, buning ustiga ayol kishi erkakchalik tez chopolmaydi, demak, koʻproq fursat oʻtishiyam mumkin. Mabodo Odashali uyida yoʻq boʻlib, boshqalarni, masalan aka-uka Qobil va Qodirlarni qidirishga toʻgʻri kelsa-chi? Unda, tamom boʻldim deyaver, ogʻayni. Albatta, ungacha buta yo qoʻl – ikkisidan biri...

Rustam hamon bir oyoqda jon saqlardi: gavdasi tebranib, muvozanatini yoʻqotar, azbaroyi shudli, abjirligidan oʻzini arang tutib qolmoqda edi. Uni muqarrar halokatdan omon asrab turgan oyoq va bilaklarining ham muskullari zoʻriqib, qotib borayotganini anglardi. Zahira kuch topish zarur edi. Suv shovqini pasaygandan keyin ogʻriq ham bir qadar yengillaganga oʻxshadi. Ikkinchisi bilan jips¬lashtirish va yerni bosish uchun nosogʻ oyogʻini asta oldinga tortib koʻrmoqchi boʻldi, lekin hayhot, u joyida yoʻq edi! Esankiragan Rustam beixtiyor siypalab koʻrishni koʻnglidan oʻtkazdi, lekin yulgʻunni yakka qoʻl bilan ushlab turolmayman, deb oʻyladi. Demak, oyoq chindan ham uvushib, karaxt boʻlib qolgan. Bu fikr qoʻrquv hissini junbishga keltirdi. Hayotning naqadar shirin ne’mat ekanligini balki u umrida ilk bor tuymoqda edi. Yaxshiki, ikkinchi oyogʻida bunday dard yoʻq, aks holda...

Rustam boshini koʻtarib sohilga qaradi-yu, ayvon yonida timirskilanayotgan qora kiyimli bir sharpaga koʻzi tushib, ogʻriqni ham unutdi... Shu payt qarogʻlari kengayib ketganini oʻzi payqamas edi. Kim boʻldi u, nima qilib yuribdi?

– Risola-at!? – chaqirdi asablari taranglashib.

– Ho-zi-ir, Rustam aka, ho-zir!..

U yengil tortdi, ammo jahlidan tushmadi, gʻijindi, jon azizligi tuygʻusi endi oʻzga hissiyotlarni ikki yonga surib, oldinga yulqinardi. «Haliyam ketmabdi-da. Rosa tolqon yeb, suvga buyuradigan ekan-ku. Shu paytgacha (garchi koʻp vaqt oʻtmagan esa-da, bu muddat Rustam uchun xiyla uzoq tuyulgan, nazdida, Risolat hozir yarim yoʻlga yetgan boʻlishi kerak edi) nima qildiykin, ivirsib? Shunday dolzarb damda kiyim almashtirishga balo bormidi?.. Bu yoqda men nima ahvoldayu... Baribir xotin kishiligiga borar ekan-da. Yo, gapimni tuzuk uqmovdimikin?..»

– Risola-at! – baqirdi u yana.

– Mana-a, kelyap-m-a-a-n, bir pas chida-ang! Xudo joningizni omon qilsin, ehtiyot boʻlib turing!..

Ovoz yanada tiniq keldi, shamol va toʻlqinlar vajohati ham ancha kuchsizlangan edi.

XI

Sovuq sekin-asta vujudining tepa qismini – jiqqa hoʻl koʻylagi chippa yopishgan badanini ham zabt eta boshlagan Rustam junjikib qaltirardi. Endi uy tomonga astoydil tikilarkan, Risolat shu tarafga yurayotganini elas-elas ilgʻadi. U qirgʻoqdagi zinalardan sekin-asta pastga enib kelardi. Beixtiyor kapalagi uchdi. Nima qilmoqchi bu esini yegan xotin?! Simni oʻzi olib kelmoqchimi? Demak, uning buyrugʻini chindanam yaxshi anglamagan ekan. Hozirgi ahvoli ham holva boʻlib qolmasaydi...

– Qayting, Risolat, qayti-i-i-ing!

Ayol eshitmadimi, javob bermadi.

– Riso-la-a-at!.. – joni boricha baqirdi Rustam.

– Xavotirlan-ma-ang!

Ayol boshqa gap aytmadi. U allaqachon suvga tushgan, boʻyi pasayib, jussasi kichrayib koʻrinardi. Rustamning xunobi oshdi. Shuncha azob-tashvishga endi buyam ish oʻzdirib oʻtirmasa goʻrgaydi. Toʻlqin etakka surib ketsa bormi... Hadik vahimaga aylandi, sovuqning dami oʻtkirlashdi. Ikkinchi oyoq hamon karaxt. Rustam qon yurishini tezlashtirish uchun harakatlanish kerak, degan qarorga keldi, miyasida shu fikr tugʻilganidan suyunib ketdi. Koʻz oʻngida suv ostida murakkab mashqlar bajaradigan urishqoq yoglar gavdalandi.

– Ey Parvardigor, oʻzing madad ber, iliklarim, bilaklarimga kuch ato ayla!..

Bir oyoqlab, ikkinchi, gʻoʻladay jonsiz butni osiltirib, shiddat bilan oqayotgan muzday suv ichida oʻtirib turish esa hazil emasdi. Ammo har qanday ish, mashgʻulot ham avvalida qiyin kechadi. Rustam ohista choʻnqaymoqqa tutindi. Dardmand, boz ustiga uvushgan pay tiz bukish, rostlanishni murakkablashtirsa ham oyoqda har qalay ozgina sezgi uygʻongan edi. Biroq endi salgina egilishiga ogʻriq kuchayardi. Rustam oyogʻi karaxtlik, akashaklikdan ozod boʻlayotganiga quvondi. Demak, sinmagan ekan, shunisigayam shukur. U azobu mashaqqatni pisand etmay, tishini tishiga qoʻyib, chala-yarim oʻtirib-tura boshladi, lang oyoqning injiqligidan tashqari hanuz boʻsh kelmaslik payida shovqin solayotgan suv shiddati erkin, dadil qimirlashga monelik qilardi.

Rustamning xayoli mashqda-yu, ikki koʻzi xotinida edi. Risolat masofaning yarmidan oʻtgan, simni bir qoʻlida tortib, taranglashtirib, ikkinchisida oʻramni yozib, gavdasini ortga tashlagan holda orqachasiga yurib kelardi. Necha yillardan beri yaydoq toshloq boʻlib yotgan oʻzanda hozir guvullab oqayotgan suv ayolning beliga chiqqan edi. Risolat bilan birga, unga urilib shashti qaytayotgan, ammo yana andak kuchayayotgan toʻlqinning umumiy shovqindan farqlanib turgan norizo, shikoyatomuz ovozi ham yaqinlashib kelardi.

Vaqt oʻtishi qanchalik mushkul tuyulmasin, u baribir toʻxtab qolmaydi. Vaqt barchaga, butun mavjudotga hukmini oʻtkazadigan yagona qudratli kuch, hech kim, hech narsa uni oʻz izmiga sololmaydi, uni bir lahza, bir soniyaga ham yurgizmay qoʻyolmaydi. U bamisli mana shu toshqin – unga gʻov, boʻgʻov solishning aslo iloji yoʻq. Vaqt uchun xursandchilikning ham, musibatning ham ahamiyati, qizigʻi yoʻq, u – koʻrinmas yuho – hamma narsani komiga yutadi, oʻligu tirikni, xoʻlu quruqni hissizlarcha bosib, yanchib, hatlab oʻtaveradi. Undan shafqatsizroq, undan mehribonroq omil topilmaydi. Odamzodni niyatiga yetkazadigan ham, qabrga yetkazadigan ham – vaqt. Ayni daqiqalarda ham u oʻz chizigʻidan chiqqani, oʻz qonuniyatidan chekingani yoʻq. Rustamning tizzasiga nimadir qarsillab urilib lat yegan lahzadan, mana, Risolat yoniga yaqinlashguncha u qancha zahmat chekdi, uqubat tortdi, chinqirib voy-voyladi, jigʻibiyron boʻldi, koʻnglidan ne-ne xayollar kechmadi, hali yana qancha riyozat, qiyinchilik koʻradi – u bilmaydi. Vaqt millari esa aylanaveradi va neki mavjud va muhayyo – shodlikni ham, qaygʻuni ham nihoyasiga eltib nuqta qoʻyadi-da, ortiga oʻgirilmay, yoniga ham qaramay, yoʻlida davom etaveradi. U aslo sekin yurmaydi, yurolmaydi – shunday dastur, vazifa yuklangan zimmasiga, hatto hastaxonayu hibsxonalarda ham faqat chopadi, yuguradi, oltmish, yetmish yillik umrni va hatto asrlarni ham hash-pash deguncha manzilga, oʻtmish, yoʻqlik qa’riga uloqtirib tashlaydi. Vaqt – tabib, vaqt – eng oliy hakam! Asli u tabiblikdan ham, hakamlikdan ham mutlaqo xorijda, u shovqin-suron ham koʻtarmaydi, jimgina, sassizgina ilgarilayveradi va shu asnoda har qanday muammo, tugun oʻz-oʻzidan yechimini topaveradi – xasta tuzaladi yo dunyodan koʻz yumadi, nizolar, ixtiloflar u yoki bu tomon foydasiga hal boʻladi, kim oromkursidan qulaydi, boshqasi amalga minadi, kim orzusiga yetadi, kimningdir ikki qoʻli boshida ketadi... Bu borada faqat bir sinoat – narigi dunyoda vaqt qanday kechishini (diniy risolalardagi hayratli, haybatli xabarlardan tashqari) hech kim aniq aytolmaydi. Bu dorilfano bandalari imkoniyati, ongidan tashqaridagi jarayondir...

Ayni damda esa vaqt Risolatni Rustamning yoniga olib keldi. Xotinining suvga tushayotganini koʻrishi bilan Rustamning gʻayratiga gʻayrat, bardoshiga bardosh qoʻshila boshlagan edi. Illo, zaifa zotining koʻmagiga muhtojlik qanchalik xijolatli, qanchalik ayanchli hol! (Nochorlik odamni nima kuylarga solmaydi!) Buning ustiga oʻsha koʻmak yetib kelguncha yo amalga oshguncha moʻltirab, qoʻl qovushtirib kutmoqqa majbur boʻlish esa bagʻoyat malol – gʻirt sharmisorlikning oʻzi! Rustam rafiqasining sharpasi yuragini umid bilan quvvatlantirgani, unda ishonch paydo qilgani, mana shu umid va ishonch uni tetiklantirganini roʻyi-rost tan olgisi kelmasdi. Risolat yaqinlashar ekan, u oʻzini bardam, shijoatli koʻrsatishga, yulgʻunni barmoqlaridagi soʻnggi mador, or-nomus zoʻri bilan arang ushlab turganini, sovuqdan qaltirayotganini, ogʻriq hamon azob berayotganini sezdirmaslikka tirishardi. Xayolan yana yoglarni eslab, men sovqotmayapman, oyogʻim ham ogʻriyotgani yoʻq, deya dilida takrorlardi.

* * *

– Mana, ushlang, – dedi Risolat simni uzatib. Oydinda uning suv sachragan yuzlari yanada tiniqlashganday, yosharib ketganday koʻrinardi. Sochlarini ixcham turmaklab, ustidan Rustam shu yil erta bahorda tugʻilgan kuniga olib bergan shohi roʻmolni oʻragandi. Tolim-tolim qaro zulflari roʻmol tashqarisida qolgan edi. Boshqa mahal boʻlganda yodiga oʻsha mash’um, darvoqe, unga Risolatni «in’om» etgan toshqin tushishi mumkin edi. Oʻz bekasini muqarrar halokatdan asragan xaloskor, tabarruk sochlar haqida er-xotin koʻp gaplashishar, shunday kezda juvon ichki bir mamnuniyat, balki bir oz faxr bilan uzun kokillarini siypalab, oʻynab oʻtirardi. Bu sochlar, tabiiyki, ilgarigidan bir oz siyraklashgan, yengillashgan, Risolat anchadan beri ularni orqasiga tashlab yurmay qoʻygan edi.

Rustam oʻng qoʻlini yulgʻundan boʻshatib, shudgorda oʻrmalayotgan qora ilonni eslatuvchi ilang-bilang simga choʻzgan edi, uning uchi toʻlqinlar qatida koʻrinmay qoldi – Risolat Rustam tutdi degan xayolda qoʻyib yuborgan edi. Yaxshiki sim Rustamning sogʻ boldiriga urildi, u oʻng qoʻlida hamon yulgʻunni mahkam tutganicha, timirskilab, simni suv yuzasiga chiqardi. Shu asnoda Risolat Rustamga baqamti kelib, uning chap kifti bilan tirsagi oʻrtasidan ushladi.

– Keling, qoʻlingizni koʻtaring, – dedi u.

Rustam xotiniga suyanib, ikkinchi qoʻlini ham yulgʻundan ehtiyotkorlik bilan boʻshatdi-da, simga ikki qoʻllab qariyb osilib oldi. Juvon erining qoʻltigʻiga kirib, oʻng bilagini belidan oʻtkazib, mahkam quchoqladi. Rustamning muskullaridagi taranglik boʻshashganday boʻldi, oriyat haqidagi mulohaza, andishalar oʻz-oʻzidan chekindi, ikki vujud bir-biriga qapishgan chogʻda erkakning tanasiga taft yugurdi, yuziga yaxday suv ham sovutolmagan iliq nafas urildi, roʻmol ogʻushidagi zulfi anbarning tanish, xushboʻy hidi dimogʻini, hamiyatini qitiqladi, oʻzini bardam his eta boshladi. Endi bu yogʻi yengilday, sohilga osongina chiqib olishadiganday tuyuldi. Ikkinchi oyoq ham sal-pal bosishga yarab qolgan edi, ammo tosh qattiqroq botsa, zirqiroq miyagacha chiqib ketardi. Shu ahvolda shafqatsiz dolgʻalar bilan yoʻl talashish, olishish koni azob edi. Xayriyatki, ular qiyaroq «soʻqmoq» solishlari mumkin edi. Nima boʻlganda ham, ayol jinsi yonida har qancha ogʻrigʻu, mashaqqatga chidash kerak, shart! Xotin kishiki, sochda “sochbogʻi” bilan shunday omonsiz toshqinda qutqarishga yetib kelsa-yu, u belda “belbogʻi” bilan inqilab-sinqillab oʻtirsa, uyat-ku. Tishini tishiga mahkam bosishdan oʻzga chora yoʻq. Oh-voh bilan dard paysal topib, kulfati yengillashib qolmaydi-ku.

XII

Rustam sim tutgan qoʻllarining bir unisini, bir bunisini oldinga oʻtkazib, Risolat himoyasi, koʻmagida oyoqlarini ham jildirar, ammo juda sekin harakatlanishga toʻgʻri kelardi. Boz ustiga suvning zalvori, qarshiligini yengib, ikkovlashib olgʻa siljish yanada zahmatli, dargʻazab toʻlqinlar aro qoʻltiqlab, qoʻltiq ostida qadam bosish esa battar qiyinchilik tugʻdirardi. Xotinining yelkasi tagida, unga osilib yurish juda noqulay, noxush edi, uning badanidan inayotgan harorat, uyatdan ancha jonlangan, dadillangan Rustamda alohida-alohida odimlash fikri tugʻildi.

– Siz avvalroq yuring, Risol, – shunday deb, simni tarang tortib turdi. Risolat u bilan oʻrin almashdi.

Rustam bosh chayqadi, u oʻzicha ayolini orqadan himoya qilib ketishni koʻzlagandi, lekin ikki odam zambarda yuk tashiganda asosiy salmoq old tarafdagi sherik chekiga tushadi... Hozir ham aynan shunday – Risolat suvni yorib, yoʻl ochib borishi kerak edi. Uning e’tiroziga qaramay, yana joy almashinishdi. Hartugul, Rustam ancha quvvatlanib, bardamlashib qolgandi. Qora tun choyshabini yirtib, qaysar toʻlqinlar “yoli”ni qayirib, vaboday toshqin hamlasi, vahmini sindirib, sovuq suv zahrini yutib, achchiq shamol nayzalariga oʻmgan tutib intilish qanchalik uqubatli, nechogʻlik ogʻir boʻlmasin, baribir ilgarilashardi. Falakda oy ularni hayajon bilan kuzatar, vaqt esa xijolatda, taxlikada edi.

– Simni mahkam ushlang, Risol, – dedi Rustam orqasiga yarim qayrilib.

– Oʻzingizga ehtiyot boʻling, oyogʻingiz yaxshimi?

– Ancha tuzuk. Nimaga bunday qildingiz?

– Uyda gaplashamiz.

Qadam-baqadam surilisharkan, Rustamning dili yorishib borar, jizillab achishayotgan qoʻllari, lat yegan, qaqshayotgan oyogʻiga «yana bir pas chidanglar, bir pasgina...» deya tasalli berar, oʻtinar, baland ovozda «kelyapsizmi, Risol, sovqotmayapsizmi?» deb qoʻyardi. Ichida oʻziga ham Xudodan kuch-quvvat tilar, zavjai muhataramasini panohida asrashni oʻtinardi.

Risolat oyogʻi chuqurlikka tushib ketsa yo qirrali toshni bosib olsa, beixtiyor “voy!” deb yuborar, Rustam darhol imkoni boricha orqasiga burilib, “nima boʻldi?” deb hol soʻrar, qattiq xavotirlangani ovozi ohangidan bilinib turardi. Juvon darrov erining koʻnglini tinchitardi-da, “menga qarayvermay, tezroq yuravering”, deya undardi. U argʻuvoniy vilyur koʻylak va safsarrang avra kamzulda edi. Turmak, roʻmoldan qochgan xoʻl soch tolalari manglayi, yanoqlari uzra silkinib yiltillardi. Rustam bilan izma-iz borar, boyagidek har zamonda tasodifan voy-voylashini hisobga olmaganda, toshqinning qahridan ham, yurishning mushkulligidan ham shikoyat qilmasdi. Xiyla kuchli, irodali ekan, koʻngilladi Rustam, ancha-muncha zaifaning bunaqa sinov, bunaqa qiynoqqa dosh berishi mahol.

Shu lahzalarda Risolatning hali mijjalariga ajin yondoshmagan yirik koʻzlariga sinchiklab nazar tashlagan kishi uning zinhor ogʻrinmayotgani, zorlanmayotgani, aksincha, inson oʻz ishidan mamnun chogʻlarda zohir boʻladigan shukuh ifodasini ilgʻardi.

* * *

Bu gal vaqt ham oʻz qat’iyatidan chekindi – uzoq va oʻta zahmatli tuyulgan masofa yo moʻljaldagi muddatdan ancha tez bosib oʻtildi yo kamdan-kam hollardagina rahm-shafqat hislariga yon beradigan fursat chindan-da oʻzini panaga tortib, qunishib, qotib turdi. Ha, hamisha muzaffar va gʻolib vaqt shu oqshom dunyoning ovloq bir kanorasida oddiygina bandalar, koʻngillari yarim juftlik tomonidan magʻlub etildi! Nafaqat vaqt, balki bu kecha favqulodda quturgan daryo – toshqin ham va yana tahdidli, yurakka qutqu soladigan boshqa yovvoyi kuchlar ham yengildi! Bari, bari mehr, muhabbat huzurida, oqibat, sadoqat qarshisida, jasorat, matonat qoshida bosh egdi! Hardamxayollik, umidsizlik ishonch, jahdu shijoatga musallam boʻldi!..

Sohilga yaqinlashib qolishganini koʻrgan Rustam simni qoʻyib yubordi. Bu yerlar chuqur emas – tizzadan xolos, toʻlqinlar shiddati ham hamin qadar edi. U toʻxtab orqasiga shart oʻgirildi-da, Risolatni dast koʻtarib oldi, uning ust-boshidan sharsharaday suv quyildi.

U pitirchiladi.

– Nima qilyapsiz, uyatsiz kishi, tushiring, oyogʻingiz ogʻriydi...

Rustamning oyogʻi chindan ham, avvalgicha boʻlmasa-da, simillamoqda edi, bundan tashqari uning farazicha Risolat shalabbo kiyimda bir muncha ogʻirlashgan boʻlishi kerak edi, aksincha, u yengil tuyuldi, «oyogʻim yaxshi», – dedi u va oldinga dadil intildi.

Koʻp yillardan, balki toʻy oqshomidan buyon bunaqa huzur-halovatni tuymagan ayol tortishib turgan badanlarining mumday mayinlasha boshlaganini his qildi va erining boʻynidan gira solib quchoqlaganicha koʻzlarini yumib oldi. Rustam ham, Risolatning oʻzi ham uning boshidan roʻmoli sidirilib, ikki oʻrim uzun sochlarining yarmi suv yuzasida yengil selpinib, erkalanib suzayotganini payqamas edilar. Ikkisi ham oʻz xayollari, zavqlari bilan band – Rustam muqarrar ajal komidan sogʻ-salomat chiqqani, Risolatni oʻz ogʻushida koʻrayotganidan oʻzida yoʻq, juvon esa, balki zabardast, bahodir yigit qoʻynida, his-hayajonlar girdobida yana jannatiy vasl ma’vosi – goʻshanga tomon bormoqda, qiz zoti umridagi eng laziz, benazir va betakror onlar nash’u namosini qayta surmoqda edi...

* * *

Daryoning suyri, sayoz joylarini shaloplatib, quruq toshloqqa – zina yoʻl ostonasiga yetishgach, Rustam haloskorini ehtiyotlik bilan, ohista yerga qoʻydi, ular oʻzaro bagʻirlashgancha, hamma narsani, hozirgina roʻy bergan mudhish voqealarni ham unutib, bir necha soniya turishdi. Hurishni toʻxtatib, zinalardan yugurib tushgan Qaytmas suykalib ularni iskar va gʻingshirdi. Dumi gajjak chipor mushuk esa, jar labida, bularga qarab betoqatlik bilan miyovlardi.

Toshqin shovqini endi ikkalasining qulogʻiga yoqimli bir musiqaday eshitilib, dillariga orom bagʻishlardi goʻyo.

– Risolat... – dedi Rustam butun mehri, quvvatini shu ismga jo aylab.

– Yuring endi, tezroq uyga kiraylik, – Risolatning ovozi mayin va bir oz horgʻin edi.

Pillapoyalardan bir-bir koʻtarilib (hamon oqsoq oyogʻini avaylab bosayotgan Rustam umr hamrohining qoʻlini qoʻyib yubormasdi), uy sahniga chiqishdi. Suvning salqin shabadasi shu yerga ham baralla urib turardi. Er-xotin titrab ketishdi. Rustam eshikni ochdi. Iliqqina xona ularni panohiga oldi. Risolat ikki qanotli moʻ’jazgina javonda taxlangan kiyimlar orasidan qalinroqlarini topdi. Bir-birlariga teskari holda, Risolat oʻtirib, Rustam tik turgancha ust-boshlarini almashtirishdi. Sovuqni endi sezganday, Rustam battarroq dirillay boshladi. Uning soʻzi bilan Risolat tugib qoʻyilgan, tugilmagan bor koʻrpa-toʻshaklarni (xuddi ilk nikoh kechasidagidek) apil-tapil toʻshadi. Rustam qalin, loʻmillagan oʻrin qatiga oʻzini urdi-da, uni yoniga chorladi.

– Kelaqoling, sovqotyapman.

– Spirt boʻlganda badaningizga surkab, ishqavorardim, bekitgan-sekitgan «anaqa...»laringizdan yoʻqmi?

– Ha-a, «antaxur» deng, «antaxur»... Boʻlishi kerak, – dedi xotinining oqilona fikridan jonlangan Rustam. – Omborda, boʻsh shishalar saqlanadigan plasmassa yashikda, – u oʻrnidan tura boshlagan edi, Risolat kafti bilan “qimirlamang” degan ishorani bildirdi.

– Men sizchalik sovuq yeganim yoʻq, yaxshiroq oʻranib oling, – Risolat yelkasiga jun roʻmol tashladi-da, toshfonar bilan tashqari chiqdi, bir oz hayaldan soʻng yorligʻiga «Andijon arogʻi» deb yozilgan novcha shishani ijirgʻangansimon koʻtarib kirdi.

Rustam choʻkkalab oʻtirdi-da, shishaning burama qopqogʻini ochdi. Dilida yarim piyola ichvorsammikin, degan istak gʻimirladi-yu, ammo niyatini Risolatga oshkor etgisi kelmadi, bu zormandani xushlamaydigan ayoli shunday paytda ichkilik koʻngliga siqqanini.., deb notoʻgʻri tushunmasin, ranjimasin, dedi.

– Avval sizga surkaymiz, – dedi u kuch bilan jilmayib. – Yechining.

– Yoʻgʻ-e, nima deyapsiz? – erining koʻzlariga tikildi Risolat.

– Siz ham suvda ancha yurdingiz, spirt, oʻzingiz aytganday, sovuqni zahrini kesadi. Suvda shabadalagan yomon, odam qattiq kasal boʻlib qolishi mumkin.

Rustamning baribir aytganini qildirishini bilgan Risolat ikkilanardi.

– Tezroq!.. – buyurdi Rustam jiddiy ohangda.

– Xoʻp, qaramay turing, – dedi juvon va oʻrin chetiga omonat choʻnqaydi-da, qoʻllarini yonboshidan oʻtkazib, hozirgina kiygan havorang pombarxit koʻylagi, pushtirang tungi libosining orqa etagini qayirib, kuragigacha koʻtardi, keyin bir qoʻlini yelkasi osha uzatib, ushlab oldi.

– Boʻldim.

Yosh boladay odob saqlab oʻtirgan Rustam unga yuzlandi.

– Yotvolmaysizmi? Oyoqlaringizgayam surkaridik.

– Yoʻq, orqamga surkasak yetadi.

– Sal engashing boʻlmasa.

Rustam «antaxur»dan kaftiga toʻkdi, oʻtkir hid gup etib xonaga taraldi. Risolat boʻsh qoʻlida roʻmolining uchi bilan ogʻzi-burnini berkitdi. Rustam aroqni xotinining qorday oppoq, marmarday silliq va tiniq beli, kuraklariga surkay boshladi. Badan tarang va issiq edi. «Issiqchanmikin...» degan fikr Rustamning ongidan lip etib oʻtdi. Qoʻlini Risolatning qoʻltigʻi tagidan choʻzayotgan edi, u «nojoʻya harakat qilish yoʻq, beadab kishi», dedi-da, chigʻanogʻini biqiniga qadab, qimtinib toʻsindi.

– Oʻpkangizgayam suykamoqchiydim, – dedi Rustam.

– E’tiboringiz uchun, oʻpka orqa tarafda boʻladi, – e’tiroz bildirdi Risolat. – Faqat anatomiyadan yaxshi oʻqiganman deb maqtanardingizu...

Rustam kuldi.

– Siz ham anatomiyadan yaxshi oʻqiganakansiz-da, menga oʻxshab, asalim...

– Tezroq boʻlaqoling suyulmay, spirtni oʻzi asosan sizga suykashimiz kerak.

Rustam boyagi taxlitda uch-toʻrt qatla kaftlariga “zahri qotil”dan quyib, Risolatning orqasiga obdan, beozor ishqadi. Juvonning vujudi choʻgʻday qizib ketdi.

– Bas qiling-ey, – dedi u va etagini tushirdi. – Yechining.

Bir daqiqadan soʻng Risolat tiz choʻkkanicha, lab-dahanini qimtigan koʻyi, kalta ishtonda muk tushib yotgan erining sovuqdan loladay qizarib, tovuq terisiga oʻxshab qolgan etiga – kuragi, belu biqinlariga, baquvvat son va boldirlariga aroq surtarkan (ogʻriqli oyogʻi siypalanayotganda Rustam sekin “im-im...” deb qoʻyardi), bu jism, bu jussaning unga naqadar yaqin va aziz, yoqimli ekanligini koʻnglidan oʻtkazardi. Bir ozdan keyin Rustam oʻgirilib, chalqanchasiga uzala choʻzildi. Risolat uning qornidan pastiga choyshab yopib, muolajani davom ettirdi. Keng, qabariq oʻmrovga, kindik atrofiga, yelka-qoʻllarga ma¬yin shapalogʻi bilan “raddi balo”ni astoydil, yedirib surkadi. Bad’az tizzalar, boldirlarga oʻtdi, oyoqlar osti, tovon, panjalarni ham ola qoʻymay ishqalardi. Rustam ehtirosli, mehrli nigohini xotinining boʻgʻriqib-qoʻpchigan yuzlari, olovli koʻzlaridan uzmas, Risolat unga goʻyo e’tibor bermasdi. Oxiri chidolmay kulib yubordi.

– Muncha tikilasiz, meni koʻrmaganmisiz?

– Hozirgiday holatda koʻrmaganman, – dedi Rustam entikib va Risolatning u yer-bu yeriga tegina boshladi.

– Shilqimlik qilmay, te-ek yoting! Kap-katta kishini qiligʻini... Yolgʻondakam qovoq uydi ayol. – Menam bir joylaringizni chimdib qoʻymay...

– Ajoyibsiz-da, Risolat...

– Boʻpti, bas, – Risolat narigi yondagi koʻrpaga egilgan edi, Rustam uning kiftlaridan quchib, chapdastlik bilan bagʻriga tortdi. Juvon qarshilik koʻrsatishga ham ulgurmadi, bir oz tipirladi-yu, jimib, boshini yostiqdoshining koʻksi bilan yelkasi orasiga qoʻydi. Rustam ustilariga koʻrpa yopdi.

Oy derazadan yana birpas moʻralab turgach, koʻngli tinchigan yangaday, kulimsib chetlandi. Endi daryo ham qariyb avvalgi me’yoriga tusha borardi.

Андижон
2007-2009