OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifQilichbek Mustafo
Asar nomiXaloskor qogʻozlar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Qilichbek Mustafo
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xaloskor qogʻozlar (hikoya)
Qilichbek Mustafo

Margʻuba ostona hatladiyu, mehmonxonadan kelayotgan tanish ovozlarga sergak tortib quloq soldi.
— Yetti ming soʻm kammi?
— Yettitangiz kissangizda tursin, Mavlonbek! — bu toʻngʻich aka boʻlmish Toʻlqinning tovushi. — Bu hovli aslida toʻngʻich oʻgʻilniki boʻlishi kerak, bir vaqtlar sal ahmoqlik qilib chiqib ketganman, hozir shu xatoni toʻgʻrilash payti, nega undan foydalanmasligim kerak? Hovli evaziga oʻzim oʻn ming beraman.
— Ahmoqlik qilgansizmi, boshqami, bir martaga bu hovlidan voz kechgansiz, — dedi dagʻallik bilan Mavlonbek, — endi sizning da’vogarlikka haqqingiz yoʻq. Tuflagan tupukni qaytib ogʻizga olsa sharmandalik-ku?!

Kenja uka Shokir gapga aralashdi:
— Bu turishda kelisholmaymiz... Kelinglar, yaxshisi, qur’a tashlaylik, yutuq kimga chiqsa, hovli oʻshaniki, narxini keyin kelishamiz.
— Choʻpchagingni oʻzingga ayt, ukaginam, — dedi Toʻlqin ovozini balandlatib, — qonun ham, boshqasi ham men tarafda.

Margʻuba aka-ukalar nima ustida gaplashayotganini sezgach, bir zum karaxt turib qoldi. Soʻng behol yotoqxonaga kirib ketdi. Yuragi bemehr aka-ukalar bahsidan ezilib, tobora iztirobga toʻlib-toshardi.

Eshik gʻiyq etib ochildi. Margʻuba u yer-bu yerini toʻgʻriladi. Yotoqxonaga kirgan qaynonasi ekan.
— Qaynagʻalaringiz kelgandi, — dedi Hamrobuvi boʻsagʻada turib, — Asqarimning qirqida qabriga tosh qoʻyishmoqchi ekanlar, qandayini qoʻyaylik deb sizning oldingizdan oʻtishmoqchi.

Margʻubaning yuragi ezgin xayoldan sirqirab ketdi: «Hozirgina hovlini savdolashib turishgandi-ku, aka-ukalar?! Bu yuzsizlikni koʻrgan koʻzlar koʻr, eshitgan quloqlar kar boʻlib qolmaydimi?..»
— Akalarimga rahmat ayting, — dedi Margʻuba dilidagini tiliga koʻchirmay, — ukamizning qabriga qanaqa tosh qoʻyaylik deya boshlari ogʻrimasin, topganda bolalarim bilan oʻzimiz qoʻyamiz...
— Niyatingiz koʻp yaxshi, — dedi Hamrobuvi, — faqat akalaringizga bunaqa deya oʻtirmang, har holda urf-odatni ham oʻylang. Akalaringizning koʻzi tirik turib uch bola bilan sizning yugurib yurganingizni koʻrgan qishloq nima deydi? Bordiyu bolalaringizdan orttirib, uch-toʻrt soʻm bersangiz, uning yoʻrigʻi boshqa...

Margʻuba qaynonasining gapini eshitgisi kelmay:
— Yaxshi... Boravering, hozir chiqaman, — deya mingʻirladi.

Margʻuba maktabda muallima. Boshlangʻich sinflar bilan shugʻullanadi. Mana, koʻrgilik ekan, — Oʻttizdan oʻtar-oʻtmas eridan ayrilib, tul qoldi. Eri Asqarjon tuman gaz idorasining boshligʻi edi. Topish-tutishi tuzukkina, qarindosh-urugʻ tugul, yetti yot begonalarga ham mehribon, imkon qadar yordam qoʻlini choʻzar edi. Ammo yaxshining umri qisqa deganlari chin ekan. Bundan bir oy avval u avtohalokatga uchradi. Ogʻir ahvolda, kasalxonaga keltirishdi. Qishloq tuman markazidan xiyla uzoq boʻlgani uchunmi, harqalay bu shumxabar oilasiga ancha kech yetib keldi. Halokatdan soʻng roppa-rosa bir kecha-kunduz oʻtgandan soʻng, Margʻuba choshgohga yaqin kasalxona yoʻlagida paydo boʻldi. Yuragi qoʻrquv va tahlikadan gurs-gurs urmoqda. Koʻzlarida gʻilt-gʻilt yosh.
— Kechirasiz, kirish mumkin emas, — deya oppoq libosdagi vrach ayolni toʻxtatdi.
— Men... Ismatip Asqarning oilasiman... — arang gʻoʻldiradi Margʻuba.
— Bilaman... lekin u kishining oldiga kirish mumkin emas. Ahvollari ogʻir...
— Qachon kirsam boʻladi esa? — soʻradi ayol yuragi taka-puka boʻlib.
— Toʻgʻrisi, — deb chaynaldi vrach, — hozir oldida odam bor. Qani, oʻsha... chiqsin-chi, keyin, koʻramiz.

Margʻuba kasalxona yoʻlagidagi charm qoplamali kursilardan biriga omonat choʻkdi. Ikki koʻzi eri yotgan palatada. «Yo, Xudo, oʻzing asra. Bolalarimga rahming kelsin, erimni bagʻrimizga qaytar».

Oradan yarim soatcha vaqt oʻtdi. Nihoyat, palata eshigi qiya ochildiyu, u yerdan chiqqan kalta sochli, kalta koʻylak kiygan ayolni koʻrib Margʻubaning butun vujudiga gʻazabmi, alammi shunga oʻxshash shilimshiq tuygʻu oʻrmaladi: «Nahotki...»

Shu xira tuygʻu Margʻubani butkul qamrab oldi. Biroq erining oldiga kirib vidolashishga ulgurmadi. Vrachlar uning joni uzilganini aytishdi. Margʻuba uv tortib yigʻlab yubordi.

Dafn marosimi, yettilik xudoyi el qatori oʻtkazildi. Asqarjonning aka-ukalari bel bogʻlab xizmat qilishgan boʻldi. Oʻshanda Margʻuba qaynagʻalaridan xursand boʻlgan edi. Ammo bugungi xufyona suhbat... Shusiz ham tilka-pora boʻlib yurgan ayol yuragini battar nimtaladi. Ustiga-ustak, Margʻuba oʻsha choshgoh kasalxonada koʻrgan manzara-chi?! Kim oʻsha ayol?! Asqar akaga qanday yaqinligi boʻlgan? U oʻz oʻlimi oldidan nega oʻsha juvon bilan uchrashdi. Nahotki, u Asqar akaga Margʻubadan ham aziz boʻlsa?!.

Bu xil savol-jumboqlar Margʻubani oʻsha choshgohdan beri qiynaydi. Hatto dafn marosimi, mangu ayriliq ham uni yupatolmadi. Oʻsha kalta sochli, kalta koʻylakli juvon har gal koʻz oʻngida jonlanarkan, beixtiyor ich-ichida yana oʻsha tuygʻu — Gʻazab va alam, shilimshiq rashk gʻimirlab qoladi.

«Bu xonadonda meni ushlab turadigan hech narsa yoʻq, — shu oʻy Margʻubaning tez-tez xayolidan oʻtardi, — toʻgʻrirogʻi hech qachon boʻlmagan ekan...»

Shu sabab qaynogʻalarining xufyona maslahati faqatgina uning nafratini qoʻzgʻadi. Bor achchiq haqiqatni, aka-ukalarning yuzsizligini ochiq-oshkor etib bu xonadondan bosh olib ketishga oʻzicha qaror qildi.

* * *

Margʻuba kirishi bilan Toʻlqin qoʻlini fotihaga yozdi. Uydagilar uning ortidan qoʻllarini yuzlariga surishdi...

Toʻlqin oldidagi piyolani qoʻliga olib:
— Endi, kelin, — deya uzoqdan gap boshladi.— Inson yaralibdiki — Oʻlim haq! Biz istaymizmi-yoʻqmi, hammamiz bu dunyoni tark etamiz. Shunday ekan, ha deb oʻzingizni qiynamang, siz hali bolalaringiz uchun ham keraksiz. Toʻgʻri, erta kelgan, erta ketmak kerak, nima deysiz, endi qiynalish emas, urib boshimizni yorganimizdayam Asqarjon tirilib kelmaydi. Oʻsha uchun taqdirga tan berishimizdan, tiriklarning ertasini oʻylashimizdan boshqa choramiz yoʻq. Sizni chaqirishimizdan maqsadimiz Asqarjonning ertadan keyin qirqini oʻtkazishni oʻylab turibmiz. Qirqiga uch yuz kilo guruch olmoqchimiz. Oshning tagiga Jomning bozoridan toʻrt-besh pudlik qora qoʻchqor olmoqchimiz. Abdurashid moychiga yuz kilo zigʻir yogʻ tayinladik. Aka-ukalar el-ulusga aralashib yuribmiz, keyin Asqarjon ham egarning ustida edi, odamlar gapirmasin deymiz-da... Galatepalik Xoliq sangtaroshga tosh buyurib qoʻyganmiz, agar ogʻir botmasa, Sobirjon bilan shu toshni borib koʻrib kelsangiz. Xudoyi kuni toshniyam ukajonimning qabriga qoʻysak. Hozir tilga olganlarimni choʻtga solsa, besh-olti soʻmga borib qoladi. Buyoqda birimizda beshta, boshqamizda oltita qorakoʻz bersang yeyman, ursang oʻlaman deb qarab turibdi...

Margʻuba uning gapini boʻldi.
— Besh-olti soʻmingiz qancha boʻladi?

Uydagilar «yalt» bir-biriga qarab olishdi.
— Gap xarajatda emas, kelin..., — biroz oʻylanib qolgan Toʻlqin maqsadga koʻchdi. — Rostini aytganda, sizga «berdi»sini aytish uchun gapni uzoqdan boshlagandim. Bundan bu yogʻiga, sizning topganingiz uch qora koʻzga yetib tursa, shuning oʻzi bizga katta davlat. Bu yoqda, yoshi bir joyga borib qolgan enamam bor... har narsani tanovul qilavermaydi: siz qaraysiz, qaramaysiz emas, kunduz kuni ishdasiz, enamning issiq-sovugʻidan xabar olishga vaqtingiz yetadimi-yoʻqmi, mana gap qaerda. Oʻsha uchun enam endi menikida...
— Yoʻq, menikida... — Mavlonbek shart akasining gapini kesdi.
— Bir pasgina sabr qil! — Toʻlqin ukasiga yalingannamo qarab olib, davom etdi. — Bolalaringiz, bu yoqda enam, uning ustiga hovli, sizga ogʻirlik qilmasmikan deymizda, a?..
— Gapni maydalamay, dangalini aytavering? — dedi Margʻuba shartta. — Guldaygina erini tuproqqa berib chidagan inson, boshqa koʻrguliklargayam chidaydi.
— Biz sizning tashvishingizni oʻylayapmiz...
— Mening tashvishimni?.. — Margʻuba Toʻlqinning gapini ogʻzidan oldi. — Mening tashvishimni oʻylaydigan odamlar, erimning tuprogʻi sovumay, bola-chaqasi bilan hovlidan quvib chiqarish tashvishida boʻlmasdi. Meni oʻylamasligingiz mumkin, oʻylaydiganim endi yoʻq. Ammo ukangizdan qolgan uch qora koʻzni oʻylamaslik, boya siz tilga olgan na shariatga, na sharoitga toʻgʻri keladi. Bilasizlarmi, hozir sizlarni koʻrib, eshitib turib, nima alam qilayapti. — Margʻuba uydagilarga bir-bir qarab chiqdi. — Mabodo biz, sizlarni biror muddat soʻrab bormasak, silar oʻqimishli, mansablaring bor, deya xafa boʻlardinglar. Oʻsha payti men, akalaringiz xafa boʻlmasin, ularni tez-tez yoʻqlab turaylik, desam, ukangiz, sen akamlarning u gaplariga unchalik ham ishonaverma, hozir bizdan olayotgan yordami tufayli, bizni soʻrab turibdi, erta bir kuni bizdan boradigan yordam toʻxtagan kuni, akamlar salomini nasiya qiladi, desalar ularni koyirdim. Koyib notoʻgʻri qilar ekanman, mana nimasi alam qiladi.
— Tugadimi? — Mavlonbek Margʻubaga oʻqrayib qaradi.
— Yoʻq! — Margʻuba boshini keskin chayqadi. — Qoʻrqmang, savdolaringga xalal bermayman, gapim tugashi bilan bu uydan chiqib ketaman.

Shu payt darvoza qattiq taqilladi. Mehmonxonada oʻtirganlar bir-biriga xavotirli koʻz tashlashdi.
— Kim ekan-a? — deb toʻngʻilladi Mavlonbek, mashvarat buzilayotganidan norizo.

Kenja Shokir boʻsagʻada bir burdagina boʻlib oʻtirgan onasiga im qoqdi.
— Ena, chiqib qarang-chi, kim ekan?

Hamrobuvi sharpadek sidrilib tashqari chiqdi. Mehmonxonaga oʻlik sukunat choʻkdi. Deraza oynasidan kulrang, gezargan osmon parchasi gʻira-shira koʻzga tashlanadi.

Bir payt Hamrobuvi kalta sochli, qizgʻish, yeng-yoqasiz, kalta koʻylak kiygan, qosh-koʻzlari obdon boʻyalgan juvonni boshlab keldi.

Margʻuba ayolni tanib beixtiyor qalqib tushdi:

«Shu yetmay turuvdi. Bu ham hozir boshlaydi, sharmanda boʻldim.»
— Kechirasizlar, — dedi notanish ayol, — men Xoltoʻraeva Sanobarman, tuman notarial idorasida ishlayman. Ismatov Asqar oʻlimi oldidan ba’zi narsalarni rasmiylashtirgan edi. Shuni sizlarga ma’lum qilmoqchiman.
— Nimani rasmiylashtirgan? — beixtiyor ogʻzidan chiqib ketdi Toʻlqinning.

Sanobar indamay sumkasidan bir dasta qogʻoz chiqardi.
— Avvalo, marhum Asqar Ismatov oʻz hovlisini xotini Margʻuba Ismatova nomiga oʻtkazdi.
— A?..
— Nima?!

Aka-ukalar chayon chaqqanday sapchib oʻrinlaridan turib ketishdi.

Margʻubaning koʻzlaridan esa milt-milt yosh oqardi.