OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifQoʻchqor Norqobil
Asar nomiBu yerlarda hayot boshqacha (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Qoʻchqor Norqobil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 10-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bu yerlarda hayot boshqacha (hikoya)
Qoʻchqor Norqobil

Ignaga ip oʻtkazolmay qolganiga ancha boʻldi. Koʻz qurgʻur xiralashgan. Yosh ham saksonga saboq berib turibdi. Lekin oʻzi ancha tetik. Ovozini aytmaysiz, gulduraydi – gapni zambarakning oʻqiga bogʻlab otadi, tushgan joyini oʻpirib ketadi. Qishloqda katta-kichik uni Guldurak momo deydi. Oʻziyam oʻrganib ketgan...

«Guldurak momo, biznikiga borarkansiz, enam oʻrmak toʻqishga aytdi...»

«Guldurak momo, gartakkina qatiq berib turing...»

«Gulduyak momo, tuxum beying, tovugʻimiz kuyk boʻpti».

Momo xasis emas, kim nima soʻrab kelsa beradi, kim qaerga aytsa boradi, ayniqsa, bola-baqrani jini suyadi, lekin uyidan chiqarayotib ularni oʻqlab joʻnatadi:

«Ma, oʻlay senga, supraqoqdi-ey, ma ol, buni kissangga sol. Qurt yeging kelsa, kelaver, beraman... Enangga borib ayt, momom kelarkan, oʻmganiga ot tepgandayam kelarkan, lekin siz oʻtgan hafta momom kigiz qilganda bormagan ekansiz. Belingiz belangimidi, deysan. Qani qaytar-chi...»

Bola qizarinib-sizarinib kampirning gapini qaytaradi. Bir qoʻli choʻntakda, qurtlarni ushlab-ushlab koʻradi. Boshqa bir kuni: «Ke, bolam. Bu yil ham sigiring qisir qoldi-ma? Mayli, ana, sigirni uyingga olib borib boylab qoʻy. Otangga ayt, yil oʻn ikki oy Yoʻlchining magazinini boylangan itday qoʻrib, shishaga kirib oraqqa choʻmilmasdan bir oygina insofga kirsa, senlarga bir sogʻin sigir olib beradi...»

Kampir bir korsan kosadagi qatiqni mishiqining qoʻliga tutadi.

«Biror narsa kerak boʻlsa keptur».

Kampir shuginalarning kelib-ketishidan xursand boʻladi, gapirgan gaplari esa shu... bir gapi-da. Guldurakda, guldurak. Fe’li-roʻy!

«Oʻziyam zerikib oʻturuvdim. Kiraver. Salimaning qoratoylogʻimisan... Kir. Nimaga muncha timirskilanasan?.. Chiq supaga. Ma, gʻilmindi, ye. Hozirgilar gʻilmindini qaerdanam biladi... O, bolam, ol!.. Yaxshimikan? Boʻying shadorozday boʻp tebranasan-a? Bilamiq, yupqa nima, garchish, shirguruch nima, toʻrta, qayla, koʻchaosh nima – bilmay oʻsayotgandan soʻng shunday boʻladi-da. Enang tengilarning hammasi qiltanglaydi, qirqqa kirib-kirmay koʻtaram boʻp qolgan... Ikki bola tugʻib-tugʻmay uv-uvlaydi, oʻrni oʻrib, qirni qiradigan payti, goʻr boʻlama, oʻzimizdi eski ovqatlarni qilishni boʻyni yor bermaydi, bularing or bilishadimi-ey, bekor gap, erinadi, bilgani piyova, shuldir shoʻrpa... Qozonda moyni jirillatganim hisob deydi...»

Bola kampirning soʻzlarini ilgʻab-ilgʻamay chaqa sariyogʻ va sutdan tayyorlangan lazzatli «perashka»ni paqqos tushiraveradi. Uchinchisini yeb tugatgach hansirab qoladi.

«Momo, men ketdim».

Kampir toʻntarma katta savatni koʻtarib tuxum toʻla yelim kosani bolaga uzatadi. «Ma, enangga ayt, tuxumni toq bostirsin, yoʻqosam, joʻja chiqmaydi, enang shuniyam bilmaydi-yov».

«Tuxumlar juft chiqsa-chi, momo?»

«Bittasini otangga qovurib bersin...» – uzib oladi kampir. «Ha, aytmoqchi, enangga ayt, tovuqlarniyam uvoli bor ekan, deb qoʻy. Hech boʻlmasa shu gapimni tushuntir...»

* * *

Guldurak momo supada gum-gursday boʻlib urchuq yigirayapti. Oʻtirishini koʻring. Urchuq emas charxi dunni aylantirayapti goʻyo. Soʻl qoʻl havoda, ipni tutgan, oʻng qoʻl bilan esa ip tutashgan urchuqni shipillatib aylantirib yuboradiki, bu keskin harakat goʻyo chavandozning qilich sermashidagi oniy holatga oʻxshab ketadi. Rahim bovo katta darvozaning ochiq «bola eshigi»dan kirdi-da, kampiriga bir pas ser solib turdi. Kampir sezdi. Ishini toʻxtatib choliga ilkis qaradi. Chol oʻzicha qovoq uydi. Shunchaki bostirma tomon yurdi. Hovlida qiladigan ishning tayini boʻlmasa ham unga-bunga urinmoqqa shaylandi. Ishqilib kampir ertalabki gapni qoʻzgʻamasa boʻldi.
– Keldingizmi? Qachon boraman deyapsiz?

Chol ortidan qamchi yeganday bir chayqalib toʻxtadi: «Obbo, yana boshladi!»

Kampirga oʻgirildi.
– Qaerga? Nima deyapsan?

Momo endi gulduradi:
– Talmovsirab tol kesasiz-a? Shundayam ota boʻladimi-ya? Shu bolani agaram bir joydan orttirib kelgan boʻlsamam, shu bola chippa-chiniminan oʻgay boʻlsayam, bir borib koʻray demaysiz-a. Yo shu bola chiniminan oʻgayma-a? Otayam shunday boʻlama?!
– Telponda gaplashib turibmiz-ku.

Chol choʻntagidan uyali telefonni olib kampiriga koʻrsatdi, koʻrsatmasa gapiga ishonmaydiganday.
– Kenjangiz shu zormotohdi qaysi goʻrdanam obberdi sizga. Telpon quloq boʻlar, ikki koʻz boʻlolmaydi, koʻngil boʻlolmaydi, mehr boʻlolmaydi. Odamni odamdan uzoqlashtirarkan...

Kampirning tilidagi tugun yechildi. Chol bunday paytda unga bas kelolmaydi. Gumbur-gumbur gap bilan uradi. Eshitadi endi eshitadiganini. Lekin jim tursayam boʻlmaydi.
– Hozir bogʻda ish qaynagan payt. Qarab turmasam, bola-chaqa uzumni tashib ketadi. Mol-holga kim qaraydi?
– Bahona qimang. Oʻrtanchingiz bor! Qaraydi. Xotini ham orbonglab ne qilarini bilmay uxlagani uxlagan. Qishloqda uzum itirqini. Bola baqraga bersangizam olmaydi. Oʻzingizga bir gap boʻgan. Uy bilan bogʻ orasida otalak-kutalaksiz. Mol-hol, qoʻy-qoʻziga ham qirgʻin kelsin... Itga tinim bor, qushga tinim bor, sizga tinim yoʻq, biz oʻlsak boshimizda mol-holingiz, qoʻy-qoʻzingiz uvvos solsa ne ajab?!

Cholnikiyam tutadi. Qoʻlidagi oʻroqni tomorqaga irgʻitadi. Lekin kampiriga hech nima deyolmaydi. Gʻudranadi, «Ukkagʻor baxshining qizi...» Dahlizga qarab yuradi. Tokchadagi chelakdan choʻmichda suv olib ichadi. Kampir yumshaydi:
– Hoy, sovuq suv ichmang, qodogʻingiz tosh qotadi, choy iching, issiq choy bor! Tumshaymasdan keling endi buyoqqa!

Biz tavba qildik deylik, lekin cholga taqdir chizigʻini kampiri chizib qoʻyganday tuyulaveradi, hoy tilimizning kufurini yel olsinu, lekin ayni chogʻ cholning oʻzi shunday oʻyladi: «Enagʻardi qizi ellik yildan oshdi, yoʻlimni chizib beradi, chizigʻimdan chiqma deydi... Endi boʻldi, oʻzimning bilganimni qilaman! Oʻgʻlimnikiga oyogʻim tortmay turibdi, keyin boraman. Keyin ham xohlasam boraman, xohlamasam yoʻq!»

Chol qat’iylashdi. Oq aralash oʻsiq qoshini chimirib, peshonasi tirishib xotiniga botiq nigohlari bilan yovqarash qildi, qaerdan paydo boʻldi, yonoq suyaklari boʻrtgan ozgʻin va kichik kulcha yuzida qahr oʻti alangaladi. Oqargan siyrak, echki soqolini ozgʻin va chayir qoʻlining titroqli barmoqlari bilan silaganday boʻldi. Uzoqdan qaragan odam chol soʻl qoʻli bilan yuziga fotiha tortayotibdimi deb oʻylardi. Kampirga ham shunday tuyuldi.
– Bovosi, keling, choy-poy ichib oling. Keling. Mayli, bormasangiz bormabsiz...

Kampirning tuyqus mayin tortgani cholni esankiratib qoʻydi. Quloqlariga ishonmadi. Angrayib qarab turdi, meniki toq, sizniki juft – sizniki ma’qul, deb birovga, ayniqsa, choliga osonlikcha yon bosib qoʻyaverish kampir uchun jon taslim qilish bilan baravar edi. Shunday boʻlgach, chol angraymay kim angraysin.

Cholning qalbida oyda-yilda bir qoʻzgʻalib qoladigan toʻpolonning toshqini kampirning bir ogʻiz iliq gapi tufayli bosildi-qoldi. Supaga chiqib kampirining yoniga kelib oʻtirdi. Kampir ustiga sochiq yopilgan sirli idishning qopqogʻini ochib chinni kosaga shirguruch solib uzatdi. Chol kampirga koʻz ostidan ser soldi: yoʻq, avramayapti, ellik yildan beri biladi, bunga avrab-aldash begona, shartta zahrini sochib, chaqadi- qoʻyadi.

«Ukkagʻor baxshining qizi-ey... Ajinasi otlanib qolsa dunyoni chirpirak qiladi-ya. Gulduramay oʻlgurning gaplari chin, oʻzimam bola-chaqamga ham yopishavermayman. Shundaychakin boʻlsam nima qilay? Ukkagʻorning qizi sizni elga qoʻshaman deb boʻlarimcha boʻldim, kesakdan oʻt chiqdi, toshga til bitdi, siz esam dimu dirs boʻlib oʻtdingiz. Siz bilan oʻtgan esizgina umrim-a, sizga odam isi yoqmaydi, deb yozgʻiraveradi. Bu gaplariyam chin. Lekin odam isi yoqmagan bilan sening ising yoqadi, Toshbuvi».

Chol oʻzicha iljayib qoʻydi-da, boʻshagan kosani kampiriga uzatdi:
– Yana yarim kosa ber.

Kampirning chehrasi ham gul ochdi:
– Zoʻrlik qilmasmikan, mana, choydan ichvoling.

Chol yana iljaydi:
– Beraver! Zoʻrlik qilsa yoʻlini topamiz.

Chol bu kosaniyam koʻrmaganday qildi.

Shirguruch – sutda pishgan guruchboʻtqada erigan sariyogʻ yuqi cholning siyrak soqolida yaltirab turardi.
– Bovosi, soqolingizni artvoling... Haliyam yosh bolaga oʻxshaysiz. Kim bilsin, odam keksaygach, allaxiyol boʻlib qolarkan, – kampir juda ohista, ovoz qoʻymay, mayingina gapirdi. Chol uning yuziga razm soldi. Yonoqlarida ikki tomchi yosh sizibdi. Qarshisida Guldurak kampir emas, bir burdagina mumsik, bir mushtipar turibdi. Ichidan nimadir uzilganday, boshidagi siyrak soch tolalari oʻrniga besanoq ignalar sanchilganday boʻldi, seskanib ketdi chol:
– Ie, Toshbuvi, senga nima boʻldi?

Kampir uf tortdi.
– Oʻzim shunday, bovosi, oʻzim shunday.

Gulduragan ovoz oʻrnida siniq va oʻksik ihroq. Kengashda xonning xotiniday boʻp oʻtiradigan kampirning dogʻuli simmati-sayidan urvoqcha yoʻq. Cholning eti uvishdi:
– Senga nima boʻlayapti?
– Gapimni eshiting, bovosi. Gapimni eshiting. Uf-uf... Bovosi, hech sezyapsizmi, zehnimcha bolalarimizdan uzoqlashib borayotgandaymiz.
– Undaychakin gapni qoʻy, Toshbuvi. – Cholning ham ovozi qaltirab chiqdi. – Shu kattamiznikiga borganimiz boʻlsin, bugunoq yoʻlga tushamiz.

Kampir endi oʻzini tutolmadi. Hiqillab yigʻlay boshladi. Koʻz yoshi yonogʻini shoʻrish etdi.
– Borasizmi, bormaysizmi, oʻzingiz bilasiz. Men buni aytmayapman, bovosi, bolalar bizdanmi, biz bolalardanmi uzilib boryapmiz. Bir bizamas, boshqa tengqurlarimiz ham shundayga oʻxshaydi... Shundan qoʻrqishimiz kerak, bovosi, shunga yigʻlashimiz kerak, bovosi...
– Bu nima deganing?
– Deganim, demaganimma? Besh bolani koʻkayimiz qurib, koʻk tomirimiz chirib katta qildik, qiz endi mayli, birovga atalgan omonat, joyini topdi – ketdi. Taqdiri imdod – azaliy odat bu. Baxtli boʻlishsin. Oyda-yilda bir keladi, koʻrib suv ichgan daraxtday yashnaymiz. Uch ul-chi, uch ul! Ullar ham har joyga sochildi, nasibasi ekan, omon-eson yurishsin! Kenjamizni koʻrmaysizma, ishi Sherobodga ovushganakan, uyam kelindiyam oldi-ketdi, nima deymiz, davlatning ishi. Nevaramdi eslasam, yuragimning suvi oqib ketayapti, bovosi. Bir tomirim chirt uzilganday, holi-madorim quriyapti. Siz erkak kishisiz, siz buni bilmaysiz, bovosi. Uch bolamni tuproqqa qoʻyganimda, uch bolam yerni toʻydirganida kuyib kul boʻlganman, bovosi. Oʻshandayoq tomirlarim chirib boʻlgan, bovosi. Mening quruq savlatim qolgan, quruq govoram qolgan, bovosi. Gapirganimda men gapirmayman, gulduragan ovoz otamning ovozi. Otamdan qolgan bir hovuch nur gapirtiradi, bovosi. Baxshining qizi boʻlmay men oʻlay, yaxshining qizi boʻlmay men oʻlay... Uvv-ey...

Kampir uvvos tortib yigʻlab yubordi. Chol oʻrnidan turib esdan oqqan siyoqda supani aylanib gandiraklab yura boshladi.
– Qoʻy endi, bas qil, Tosh... Oʻzingdi bos, Tosh...

Chol hansiragan alfozda dahlizga kirdi. Choʻmichda suv opkelib kampirning yuziga sepdi. Kampir bir toʻlgʻanib hardamxayol qiyofada jimib qoldi. Koʻzini dasturxondan uzmay ihradi.
– Katta ulimizning qishloqqa dorimaganiga besh yildan oshdi, – kampir oʻziga-oʻzi ingradi. – Hamsoya-ovul oʻgʻlingiz katta odam, kelishga vaqti boʻlmasa kerak-da, – deydi, – lekin meni yupatish uchun aytishadi, buni bilaman. Oʻtirik gapiraman, ulim oʻtgan kuni kep ketdi, ishi koʻp-da, ish koʻp, har ikki-uch oyda kep- ketib turibdi, deyman. Siz esam, telponda gaplashib turibmiz-ku deb ovunasiz. Kecha, momo, ulingiz televizorda chiqayapti deb Suluv hamsoyaning qizi chopib kirib keldi. Siz bogʻda edingiz. Televizorni qoʻydim. Ma’noli gaplardi gapirayotuvdi, qirilib ketgur chiroq ham oʻchib qoldi. Ertalabgacha uxlamay chiqdim. Tong saharda oʻrtanchangiz keldi. Ena, ikki bolangiz ham katta odam boʻp ketgan, men oʻzim roʻzgʻorimni bir amallayapman, birovi yordam beray demaydi, deydi. Bovosi, shu bogʻ oʻlgurdi ham, qoʻradagi hamma qoʻy-qoʻzi-yu, ogʻildagi novvosniyam, sigirdiyam beraylik shunga. Sizminan menga mol-hol, dala-bogʻ, dovu daskaning nima keragi bor. Qutulayik, qoʻyaylik. Yelkamizga koʻch-koʻron ortib nimayam qilamiz?

Chol bir sapchib tushdi:
– Nima, oʻrtanchang shunday dedimi? Oʻzi soʻradimi?
– Soʻramadi. Bunday gapdiyam aytmadi. Lekin men koʻzidan bildim. Koʻzidagini uqdim, bovosi.

Chol bosh egdi. Dasturxon chetini titroq qoʻllarining ozgʻin barmoqlari bilan ojizgina ushlab titkilay boshladi. Rang-roʻyi oqarib, hansirayotgan kampiriga qarshi borishga yuragi dov bermadi.
– Mayli, sen aytganday boʻladi. Oʻrtanchangni chaqir, kechqurun kelsin. Qoʻyga ham, molga ham, boqqa ham egalik qilsin. Ertaga ertalab yoʻlga chiqamiz. Kattangni borib koʻrib kelamiz.

* * *

Endi gapni «katta»nikidan eshiting.

Saharmardonda Denovdan chiqqan poezd Toshkent vokzaliga yetib keldi. Chol-kampirni toʻngʻich oʻgʻilning shofyori qarshi oldi. Allambalo ulovga oʻtirgʻizdi. Mashina «katta»nikiga ravona boʻldi. Kampir xursand. Uchib ketayapti deysiz goʻyo. Choli tushmagurning sir boy bermagani bilan dimogʻi chogʻ. Mashinaning yumshoq orqa oʻrindigʻida yastangan ikki duogoʻyning ayni dam koʻnglida sogʻinchmi, sevinchmi tuygʻulari nechogʻli koʻpirib toshgani ularning oʻzi va birgina Yaratganga ayon.

Mashina shahar chetida, suvi tip-tiniq, zilol, hayqirib oqayotgan daryo yonidagi yayrab-yashnagan mevali bogʻ adogʻiga yetganda soʻlga yoʻl soldi. Ochiq dahani kesib oʻtishi hamono chor tarafda qad rostlagan qasrmonand koʻp qavatli uylar oralab ketdi.

«Shaharning qishlogʻi shu boʻlsa kerak» – oʻyladi chol. U umrida bunday salobatli imoratlarni koʻrmagan edi. Vu-yy bularning tomlarini-chi, shifermas, tovlanadi-ya, tovlanadi, yana ularni har xil rangga boʻyashibdiyam. Bundaycha fason-istilda qurishgani-chi, qirrali, qirrasiz, uchburchak, toʻrtburchak tomlar.

Mashina moviyga boʻyalgan, tepasiga qizil qalpoq monand ustama oʻrnatilgan, baland devor bilan oʻralgan dabdabali qasr yonida toʻxtadi. Mashinadan tushishdi. Haydovchi devordan ikki quloch baland keladigan qalin zirh, ulkan kulrang darvoza biqinidagi oq tugmachani bosdi. Chol-kampir angrayib turishibdi. Yana bosdi. Ancha vaqtdan soʻng taraq-turuq eshitilib, darbozaning kichik eshigi ochildi. Koʻz-qovogʻi shishinqirab, oq oralagan sochi toʻzgʻin, maykachan, tizzaishton kiyib olgan oʻgʻli Turdiqulni koʻrishdi. Kampir shu zahoti oʻgʻliga tarmashib, uni yuz-koʻzidan oʻpa ketdi, chol iljayibgina turibdi.
– Voy bolam-a. Turdi jonim-a! Boʻyingdan aylanay bolam. Sogʻ-omonmisan, tani-joning sovma, eson-omonginamisan, aylanayin bolam...
– Yaxshiman, oʻzingiz yaxshimisiz, kelinglar. Keling... Ey, ota, yaxshi keldingizmi? Keling, keling.

Oʻgʻil bilan otayam bagʻirlashdi. Turdiqul ularni ikki cheti anvoyi gullar bilan bezangan qizgʻishtus keramika yotqizilgan yoʻlak boʻylab baland imorat tomon boshladi. Cholu kampirning tugun-taqasini koʻtargan haydovchi ularning ortidan ergashdi. Kampir magʻrur, chol atrofga olazarak boqadi. Oʻziyam hovlimisan hovli ekan. Keng-moʻl. Butun hovli sathiga yam-yashil chim yotqizilgan. Yashil maydonning qoq oʻrtasida sharqirab favvora otilayapti, tevaragida turli-tuman gullar barq urgan.

Beriroqda marmar hovuz. Suvi kilkillab turibdi. Uning yonida usti chiroyli, rangli yelimboʻz bilan yopilgan voyishayvon. Oq, koʻk, qizil rangli plastmassa stol-stullar oʻrnatilgan. Chimsath oxiridagi devor yonida qatorasiga odam boʻyidan baland qilib oʻrnatilgan qalpoqchiroq yoritkichlar. Kechasi yoqishgan shekilli, hali oʻchirishmabdi, qatorasiga yonib turibdi. Yoʻlak chetida ham ana shunday oqqa boʻyalgan temirtoʻsin yoritkichlar yogʻdu sochadi. Baland imoratga yetmasi, soʻl tomonda esa yogʻochdan yasalgan ikki qavatli naqshinkor soʻri. Soʻrining ham tomi bor. Uning ham tomi boʻyalgan.
– Hozir... Hozir. Bir minut. Keliningiz uxlayotuvdi. Uygʻonadi hozir. Risol! Risolat! Mehmon keldi...

Ular qora tus oyna bilan toʻsilgan bosh-oyoq oynavand imorat oldidagi haligi ikki qavatli soʻrining birinchi qavatiga chiqishdi. Oʻgʻil imorat zinasidan koʻtarilib uyga kirib ketdi.

«Shaharda kech uygʻonisharkan», – oʻyladi ota.

«Otali olti, enali yetti toʻydi, bular uxlashayapti», koʻnglidan oʻtqazdi ena.

Imoratning oyna eshigi ochilib kelin chiqdi. Sadagʻang ketay buyam shu ahvolda – tizza ishtonda. Maykasi har holda erinikidan bir navi. Ha mayli, maydalashmaylik, birovning egnidagi ilvasin bilan nima ishimiz bor. Faqat kampirning koʻzi bilan yer chizgani, cholning uyoq-buyoqqa alanglab nigoh opqochganini aytib oʻtsak kifoya.

Kelin hol-ahvol soʻrashib dasturxon tuzash uchun ichkari kirib ketdi. Xudo koʻngliga soldimi, bu gal egniga xalat tashlab chiqdi. Bir pasda xontaxta usti noz-ne’matga toʻldi. Kelin bir lagan qovurdoq opkeldi. Dasturxon atrofida oʻgʻil qishloqdagi qarindosh-urugʻ, xesh-aqraboni soʻrab-surishtirdi. Kelin muloyimgina boʻlib choy uzatib, qaynona-qaynotani yegulikka undab oʻtirdi.
– Bolalaring koʻrinmaydi, bolam? – Nevaralarining uydan chiqishini sabrsizlik bilan ichikib kutib turgan kampir oʻgʻliga yuzlandi.
– Nargiz Germaniyada. Bekzod lagerga ketgan. – Oʻgʻil quruqqina javob qildi.
– Attang... – chol ihranib qoʻydi.
– Kampir choliga qarab jovdiradi.
– Mayli, ilohim omon boʻlishsin, – dedi kampir ichi zil ketib.
– Yaxshi boʻldi kelganlaringiz. Biz ham zerikib oʻtirgandik, – kelin mulozamat qildi.
– Bolalar kelgach, hammamiz jam boʻlib qishloqqa oʻzimiz bormoqchi edik, – oʻgʻil gapni ulab yubordi.
– Yaxshi, yaxshi, – dedi chol.
– Bolam, Chori bovang, Sarvi xolang ham oʻtdi. Toji togʻang oʻsal boʻlib yotibdi, dardi ogʻir, – dedi kampir, – qishloqqa borib turinglar, bolam...
– Hovli-joying keng-kengish ekan, buni qara-ya, kinodagiday, – oraga tushdi chol kampirni chalgʻitmoq, suhbat rovishini boshqa yoqqa burmoq uchun.
– Ha endi, ota, hovli-da bu, hovli!
– Bolam, Xurram togʻangning oʻgʻli shu yerda ekan, bannisada deyishdi, bir borib koʻrib qoʻysang yaxshi boʻlardi. Oʻtgan kun oʻpkalaganday boʻldi, jiyanga tilpon qildim, yaxshi gaplashmadi, dedi-yov menimcha...
– Ish koʻp-da, ishim koʻp... Mayli, boraman, – oʻgʻil lanjlandi.
– Oyi, dada, ovqatga qaranglar... Qani, manavi salatdan olinglar, – kelin oʻsmoqchiladi.
– Hovli yaxshiyakan, – kampiri yana bir nimani gapirib yubormasligi uchun ezmalandi chol, – anavi archalaring yaxshi oʻsibdi, anavilar nima, oqterakka oʻxshaydi?
– Bular beryoza ota, beryoza.
– Tuzuk, tuzuk. Olma-polma, gilos-pilos ekmabsan-da, ha mayli, har joyning oʻz rusumi bor... Bolam endi men turay, tahorat olay-da, namozimni oʻqib, hovlingdi bir aylanay.

Chol kampiriga ma’nili qarab, har narsani vaysayverma, deganday qilib oʻrnidan turdi. Oʻgʻil otani hovli adogʻidagi hammomga boshladi.
– Oyi, joy qilib beraymi? Bir oz damingizni olasizmi?
– Mayli, kelin, mayli, shunday qiling, bolam.

Huvillagan hovlida bir kunning oʻtishiyam choʻzilib ketdi. Ayniqsa, chol chimsath oxirida qator gurkirab oʻsgan archalar ortida koʻrinmay turgan panjarali qoʻrada ayiqdanam katta, kallasi qoʻra eshigiga zoʻrgʻa sigʻadigan it saqlanayotganiga koʻzi tushib orqasi tutdi:
– Buning devdan tarqaganmi? – dedi oʻgʻliga.
– Ha, endi, Bekzodingiz qiziqadi-da, ota!
– Shunday ajoyib qoʻraga toʻrtta qoʻzini tashlab qoʻysang, hovlingga fayz kirardi oʻgʻlim, bolang ham ovunardi, mol-holga mehr qoʻyardi. Buning oʻrniga novvos boqsang ham binoyi edi... bolalaring ham bekor yurmaydi, it boqayapti degan gap qayda-yu, uyida mol- holi bilan andarmon degan gap qayoqda.
– Bolam it boqmaydi, ota, – oʻgʻil zarda qildi.
– Manavi nima?.. Shunga qiziqqan joni molga qiziqsin, deyman-da, – chol qoʻlini paxsa qilib qoʻrani koʻrsatdi.

It irilladi.
– Itni itboqar boqadi. Itboqarimiz bor.

Ota oʻgʻliga ajabsinib qaradi. Bosh chayqab qahrli iljaydi.
– Bu senga nima karomat koʻrsatadi?
– Kechasi uy-joyni qoʻriqlaydi. Bu yer shahar, ota!

Chol itga oʻqrayib qaradi. It tagʻin irilladi.

...Oqshom choʻkdi. Cholu kampir haligi soʻrida choy ichishayapti. Kelin yelimichakda hovliga sharillatib suv sepayapti. Eshik jiringladi. Risolat qoʻlidagini tashlab eshikni ochdi. Qotmadan kelgan, past boʻyli kishi ikki qoʻlida chelak koʻtarib devor boʻylab itxonaga qarab yurdi. «Itga ovqat opkelayapti. Itboqari shu ekan», koʻnglidan oʻtkazdi chol. Itboqarning izidan ertalabki haydovchi kirdi. Hammom tomonga yurib ikkita odam boʻyi xoda topib chimsath chekkasiga qoqdi. Ular orasiga oqboʻz tortib, marmar hovuz hamda cholu kampir oʻtirgan soʻri orasini toʻsdi. Soʻng koʻcha eshik ortidagi mashina oʻrindigʻidan ikkita quti olib keldi-da, hovuz chetidagi stolga qoʻydi. Usti yopiq voyish ostidagi stollar ustiga turli xil ichimlik, shishalarni terib meva-cheva bilan bezatdi. Cholu kampir ajabsinib qarab qoʻyishdi.
– Bugun mehmon keladigan kun ekan, oyi, dada. Yana mehmonlar kelishayapti. Mashhur aktyor xotini bilan kelayapti. Boramiz deyishdi, yoʻq deyolmadik, – kelin til uchida sipoyilik qildi.
– Mehmonga kelma, deb boʻlarkanmi, mehmon kelgani yaxshi. Mehmoni koʻp uyning rizqiyam moʻl boʻladi, aylanay, – kampir kelinga roʻyxushlik bergan boʻldi. Archa tagida kabob qoʻra tozalayotgan oʻgʻil ota-onasiga bir razm solib qoʻydi. Chol yana iljaydi. «Dovu dastgangdan oʻrgilay, ulim...»

Chindanam televizordan tushmaydigan mashhur aktyor xotini bilan hovli oʻrtasiga kirib kelganda Risolat yugurgilab ularga peshvoz chiqdi. Aktyor Risolat bilan choʻlpillatib oʻpishib koʻrishdi. Xotini ham shunday qildi, oʻgʻil Turdiqul ham bunday rusumni kanda qilmadi, bir-biri bilan yuzoʻpishdi qilishgach, oʻgʻil mehmonlarga soʻrida oʻrnidan tik turgan ota-onasini tanishtirgan boʻldi. Soʻng mehmonlarni yetaklab, boʻzning ortiga olib oʻtdi. Cholu kampir hayratu ajabsinish bilan bir-biriga ma’noli qarab choʻk tushdilar. Boʻz ortida gangur-gungur, qiyqiriq boshlandi. Suv shalopladi. Qadahlar jarangi eshitildi, kulgan kim, qiyqirgan kim...
– Bu yerlarda hayot boshqacha ekan, bovosi, – dedi kampir.
– Boshqacha. Hamma narsa boshqacha, – dedi chol ham iljayib.
– Xoʻsh, endi nima qilamiz, bovosi?
– Ertalab tongda ketamiz. Yo, qolasanmi?
– Sizniki ma’qul. Siz nima desangiz shu! Bu gal sizniki juft boʻldi, bovosi.

Kampir bir nuqtaga koʻz qadab jimib qoldi. U qarogʻida aylanayotgan koʻz yoshlarini choli koʻrishini istamasdi. Chol yuzini teskari burdi. Kampir yengi bilan yoshli nigohini artdi.

«Boʻzdevor» ortidagi marmar hovuz suvi yana shalopladi. Ayollar qiyqirishdi. Itboqar kallasi qozonday, qop-qora eshakday itni harsillatib yetaklab chiqdi, bir qoʻlida itning zanjiri, bir qoʻlida yarimlagan aroq shishasi. It soʻriga bir qarab irillab qoʻydi-da hammom tomon gandiraklab borayotgan itboqarning ortidan loʻkillab ergashdi.

Oradan chorak soat vaqt oʻtar-oʻtmas chol tahorat olish uchun hammom sari ildamladi. Yelim oftobada suv olib devor boʻylab yurib archalar yonida choʻnqaygan chol orqasidan allanima guvillab uchib kelayotganini his qildi-da, tuyqus oʻgirildi, oʻzi tomon shamol tezligida jon-jahdi bilan otilayotgan ulkan itni koʻrdi. Miyasida chaqmoq chaqqanday boʻldi. Bahaybat it unga zarbu zabtda urilib tanasini tilka-tilkalab tashlashi oniy holatda shuuridan kechib oyoq-qoʻli uvishib baqrayib qoldi. Shu tobda... shu tobda osmon gumburlab, yer silkinganday boʻldi – borliqni soʻrida sapchib turib ketgan Guldurak kampirning gulduragan ovozi tutdi:
– Toʻx-t-a-a-a!

It taqqa toʻxtadi. Bir aylandi-da, gʻingshib ortiga qaytdi. Marmar hovuz boʻyidagilar taxtaday boʻlib qotib turishardi.

Dunyo bexabar itboqar esa muk tushgan koʻyi hammom devoriga suyanib xurrak otardi.