OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifQoʻchqor Norqobil
Asar nomiElakda suv turmaydi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Qoʻchqor Norqobil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 10-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Elakda suv turmaydi (hikoya)
Qoʻchqor Norqobil

Yomondan qoch-da qutul. Boʻlmasa, oʻl-da qutul! Ketay demaydi. Oʻtiribdi. Lanjillagani lanjillagan.
– Ogʻamboyim, ke endi, shugina – bulbulning koʻz yoshiday bir imzo... Sendan nima ketdi?!

Qoni yuziga tepib chiqdi. Nima qilsin? Begona emas: «Men seni odam qildim demasayam, Toshkentga seni men olib keldim...» degan iddaosi bor: Oradan yigirma yil oʻtdi – shu da’vo-dastak Dovul Davronning miqti gavdasiga shiddat, qisiq koʻzlariga oʻt-chaqmoq baxshida etadi. Ha, Ilhomni koʻrganda, yuziga shunday ta’nagirlik qalqib chiqadi.
– Koʻz tegmasin, ogʻamboyim! Sumbi-savlating bip-binoyi. Har holda toʻrt-besh odam ogʻzingga qaraydi. Gapingning dami toshni kesib turibdi.

Dovul Davron oʻljaga shaylangan mushukday bir hurpayib, yana pisib oldi. San’atingga qoyil deydigan odam yoʻq. Fe’li-roʻyi sira oʻzgarmadi. Qarimadiyam.

Hech kimsa uni oltmishga kirgan demaydi. Joʻraqand qovuncha keladigan maydagina boshini yelkachalari ichiga kiritib olgan bu pak-pakana buratinosifat odamcha Ilhomning qarshisidagi kursida mushtdekkina boʻlib oʻtiribdi. Uning chorpaxil, chuvak yuziga zaharxanda iljayish yoyildi. Qisiq koʻzlari Ilhomga teshib yuborguday tikildi. Sukunatni ojiz bir sas buzdi:
– Oʻqidingmi?
– Himm...
– Xoʻsh?
– Menimcha, Rustam ham oʻqib chiqsa yaxshi boʻlardi, – Ilhom hozircha undan qutulishning yoʻlini izlardi.
– Ogʻamboyim, boshi qoraning bori yaxshi, deb seni qora tortib keluvdim. Ha, endi menam uyushma a’zosiman. Toʻrt-besh kitob chiqardim. Bilib turibsan, mavzu chakkimas. Ayni payti. Temirni qizigʻida bosganimiz durustmikin? Eplasang elakda suv turadi deyishadi-ku...
– Mayli, Rustam ham oʻqib koʻrsin.
– Rustam yaxshi shoirdir, ehtimol. Lekin sening yoʻrigʻing boshqa. Bilaman, tanlov hay’atiga a’zo ekansan... Rahbar odamsan, gaping yerda qolmaydi. Bir qoʻllavor endi... Xudoyim ol qulim desa, bizam... endi...
– Dovul aka, toʻgʻrisini aytayinmi? Xom-xatala joylari juda koʻp. Qaytadan yozish kerak. Dostonning yuki yoʻq bunda. Tagʻin deng, muqaddas mavzu – Vatan haqida yozayapsiz...
– Xom boʻlsa pishiraylik. Senga bekorga berdimmi? Shunday paytda qoʻllamasang ogʻa-inilik chikora? Bir ariqdan suv ichgan odamlarmiz, jigar.

Dovul ariq deganida, Ilhom Hazarbogʻ kanali yonidan oʻtgan «Baqiroq» ariqni esladi. Bolaligini xotirladi. Qisqa lahzalarda koʻz oʻngida qishloq manzaralari jonlandi. Dovul Davronning Toshkentday shaharda oʻqishni bitirib, qishloqqa dovruq solib shoir boʻlib borganiyu, bu hodisa qishloq ahli ogʻzida doʻmbira boʻlganini yodga oldi. Soʻng Universitetning dastlabki pogʻonasini tugatib, ta’til payti tuman gazetasida Dovul Davron qoʻlida amaliyot oʻtagani koʻz oʻngidan oʻtdi. Toʻgʻri, unga havas qilgan, unga ergashgan kezlari ham boʻlgan. Bundan koʻz yumolmaydi. Kim bilsin, u paytlar yosh edimi, har nechuk qarichini kishining haddi-xislatiga qaratmas edi.

Ilhom muddao toshini hazilga oʻrab otdi:
– Xom boʻlsa pishiraylik deysiz. Xamirturushning oʻzi yoʻq bunda. Demak, tandirga yopganingiz bilan befoyda, xamir oqib tushaveradi. Pishmaydi.

Dovul Davron bir qalqdi. Qiyofasi tundlashdi. Kichik boshchasini irgʻabgina qoʻydi:
– Himm. Ogʻamboyim, oʻzgaribsan. Manovi, kursi odamni oʻzgartiradi. Biroq, bu narsa, bu dov-daska umrbod berilmaydi. Yaxshi-yomon kunda atrofingda oʻzingnikilar qoladi. Eski chorigʻimizni unutmaylik, deyman-da.

Endi bu gap ortiqcha. Yuzxotirlik yuzga tarsaki sotib olgani yomon. Ilhomning toʻrt ummon bemalol sigʻadigan sabr kosasiga Dovulning gapi ogʻu boʻlib tomdi. Koʻngil kosasini zahar-zaqqum etdi. Oʻzini bazoʻr tutdi. Dilidagi tilga koʻchdi:
– Mukofot berishmasa yashay olmaysizmi?

Dovul oʻtirgan joyida sapchib tushdi. Lablarini asabiy tishladi.
– Yoʻq, yashay olmayapman. Ha, shunday! – Lablari pirpiradi. Ichidan xoʻrsiniq toshdi. Ilhom koʻrdiki, koʻzida yosh gʻiltillayapti.

Diydiyoning oxiri bunday tugashini xayoliga ham keltirmagan edi u. Uyalib ketdi. Anchadan beri chekmagan edi, tortmaga qoʻl uzatib tamaki tutatdi. Dovulga qarashga botinolmadi. Bir nuqtaga tikilib qoldi.
– Boʻpti. Taqriz yozaman.

Ilhom qorangni koʻrmayin, endi bu yerdan tezroq keta qol ma’nosida yuzini deraza tomon burdi. Roʻparadan, Dovuldan sas keldi:
– Rahmat, ogʻamboyim, rahmat!.. Boyning tomchisi kambagʻalning hovuzini toʻldiradi. Yaxshiligingni oʻlgunimcha unutmayman. – U oʻrnidan dik etib turdi. Hanuz qoʻltigʻida turgan yaltiroq qogʻozjildni shigʻillatib ochdi. Jilddan ortidan yov quvganday old-ortiga qaramay shosha-pisha uch dona qogʻoz olib Ilhomga uzatdi.
– Mana taqriz tayyor. Ovora boʻlma, ogʻamboyim. Shunday, imzo qoʻysang, bas. Ertaga Seni ovora qilib nima naf koʻraman... Ertaga qishloqqa ketaman. Otang – togʻamjonimga, enang – opamjonimga salomingni yetkazaman. Qishloq sendan faxrlanadi, uka. Sen televizorga chiqsang, koʻzimda yosh bilan qarayman. Koʻz tegmasin deyman. – Dovul koʻz yoshini tiyolmadi. – Sen zoʻrsan, yagonasan, ogʻamboyim.

Qani endi, yer yorilsa-yu, Ilhom yerga kirib ketsa. Yer qurmagʻur ham yorila qolmadi.

Oyogʻi tagidagi yerga soʻnggi rusumdagi mustahkam qurilish ashyosi yotqizilgan – qaerdanam yorilsin!

Ilhom beixtiyor qoʻl choʻzib qogʻozlarni oldi. Oʻqiy boshladi. Yuzi oqardi. Boʻsh qoʻli bilan chap koʻksini siladi, koʻylagining yoqa tugmalarini yechdi. Miyigʻida kuldi. Soʻng qah-qah otib kulib yubordi.
– Nima bu?
– Taq... Taqriz, – Dovul esankirab qoldi.
– Adashmadingizmi? – Ilhom ming bir azob iskanjasida alam bilan qah-qah otardi.

Dovul bir qoʻltigʻidagi jildga, bir Ilhomning qoʻlidagi qogʻozlarga qarab ichidan chiyillagan ihroqli bir ovoz keldi-da, xonadan oʻqday otilib chiqib ketdi.

Ilhom stol ustidagi qogʻozga yana bir bor koʻz yugurtirdi.

«Hurmatli _____________ vich!

Men umrim bino boʻlib birovning ustidan shikoyat yozmaganman. Lekin ayrim kimsalarning adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga toʻgʻanoq boʻlayotganidan koʻz yumolmayman. Shulardan biri bu – Ilhom Zafar. Koʻp yillardan beri kattakon ijodiy idora rahbari boʻlib ishlayotgan bu janobni oʻz oʻrniga noloyiq deb bilaman. Chunki u oʻzidan yuksak iste’dodlarni koʻrolmaydi, ularga nisbatan shaxsiy gʻarazi bor. Ilhom Zafarga oʻxshagan kimsalarning hay’at a’zosi boʻlishi, bunday odamning rahbar boʻlib ishlashi toʻgʻrimikin? Xolis tekshiruv oʻtkazib unga adolatli chora koʻrilishini soʻrayman...

Taxallusimni qoʻymoqdaman: – Odil Rostgoʻy...»

Ilhom qogʻozni tortmaga solib qoʻydi. Lablari beixtiyor pichirladi. Gʻudrandi:
– Kambagʻalning tomchisi boyning hovuzini toʻlgʻazibdi... Yoʻq, teskarisi edi shekilli!

Yana qah-qah urib kulib yubordi. Endi ancha yengil tortdi.