OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifQoʻchqor Norqobil
Asar nomiKoʻzlaringni koʻrgani keldim (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Qoʻchqor Norqobil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm47KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/09
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Koʻzlaringni koʻrgani keldim (hikoya)
Qoʻchqor Norqobil

Yoz oxirlab, avgust oyoq uzatdi. Kuz shamollari esa boshladi. Tong havosi salqin tortdi...

Kamina mehnat ta’tiliga chiqdim. Avvaldan oʻylab qoʻygan rejani amalga oshirishga fursat yetdi. Xorazmga ketaman!

...Vokzal menda hamisha ayricha tavsurot uygʻotadi. Gavjum zalning tirband oʻrindiqlaridagi yoʻlovchilarni kutish daqiqalariga tutashgan koʻrinmas bir rishta bogʻlab turadi, goʻyo. Temir izga poezd qoʻyilishi hamona vokzal sahnida besaranjom olomon toʻlqini paydo boʻladi. Kim-kimga uringan, kim-kimga suringan. Hamma oʻzini vagonlarga uradi. Hamma manziliga shoshiladi. Hozirgina boʻshab qolgan oʻrindiqlarni esa yoʻlovchilarning boshqa oqimi band etadi. Vokzalda hech qachon oʻrindiqlar boʻshab qolmaydi — birov ketadi, boshqa birov keladi. Inson hayoti ham shunday; maqsad-muddaongni aniqlab manzilga intilmasang, bir joyda uzoq qolib ketasan, boshqalarga halal berasan. Vokzalning hayotdan afzal jihati bor; shohu gado, boyu kambagʻal bir maqomda — yoʻlovchi! Bor-yoʻgʻi ular poezdni kutmoqda. Hayotda esa... hayotda kishilar tabaqalashadi, ular vaqti soati yetgach umr poezdi kelib olib ketishlarini sezsalarda, hayot vokzalidan odamiylik chiptalarini xarid qilishni unutadilar.

Koʻp aljirab boshingizni ogʻritmayin. Mana, mening poezdim ham yetib keldi. Birinchi yoʻlga, shundoq vokzal sahniga taqab qoʻyildi.

Peshinga ogʻayotgan oftob taftidanmi yoki vokzalga kelib toʻxtagan vagonlar paydo qilgan epkin ta’siridanmi temir gʻildiraklarga yopishgan-qotgan qoramoy hidi dimoqqa urildi.

Vokzalga kelmaganimga ham ancha yillar boʻlganini his qildim. Aniqrogʻi, gʻala-gʻovur vokzalgagina xos boʻlgan hayot talabalik yillarimni yodimga soldi: «Toshkent—Andijon» poezdi... Shanbada kuzatishlar, seshanbada kutib olishlar, eh-eh, qancha dardu iztiroblarimizga, koʻz-yoshlarimizga guvoh bu vokzal. Yoshlik. Romantika. Sevgi!

Vokzalda yoʻlovchi gavjum. Test sinovidan oʻtgan aksariyat abiturientlar uy-uylariga qaytishayapti. Vagon eshigi oldida odam kamayishini kutib ancha chetroqda turgan nazoratchiga bir-ikki yoʻlovchi nimalarnidir tushuntirishadi. Koʻngli iymagach, unga tavoze bilan yalinib-yolvorishadi.
— Ana, plaskart vagonga boringlar! Mumkinmas, men ortiqcha odam ololmayman.

Poezd jila boshlagach, eshikka tirmashdim.
— Chiptangiz bor ekan, nega shu paytgacha anqayib turibsiz, — nazoratchi oʻdagʻaylab yoʻl berdi. — Toʻrtinchi kupega boring.

Qiya ochiq kupe eshigidan bosh suqib, ichkariga razm soldim. Taqdiriga men hamrohlik qilish bitilgan kupedoshlar ham yalt etib qarashdi.

Lahzada ularga koʻz yugurtirdim. Tim qora sochini bir tutam qilib bogʻlagan, katta-katta quralay koʻzlari porlab, oy balqqan ozgʻin yuzidagi yoniq joziba har qanday kishini sehrlab qoʻyadigan goʻzal xilqat, uning yonida tabiatning yana bir mukammal ijodi — moviy koʻz, oltin soch, yoyday egik qoshlari chiroyli chehrasiga andak kibru havo baxsh etgan sohibjamol oʻtiribdi. Bu ikki moʻ'jiza qarshisida oʻzini noqulay sezayotgan ozgʻin, qotmadan kelgan, qirra burun, chuvak yuziga toshma toshgan oʻspirin vagon oynasi tomon surilib menga joy berdi.
— Mumkin boʻlsa, ukaginam, oʻrningizdan tursangiz. Yuklarimni oʻrindiq tagiga qoʻysam.

Novcha yigitcha oʻrnidan turdi. Yuktoʻrvani joylab, u-bu yegulik solingan yelim xaltani oʻrindiq ustiga qoʻyib, uning yoniga choʻkdim.

Shovullab yelkasiga tushib turgan tilla sochlarini ortga taragan moviy koʻz juvonning keng, silliq peshonasidagi pardoz-andoz koʻmolmagan vaqt chiziqlariga boqib uning yoshi oʻttiz beshning nari- berisida deb tusmolladim. Vagon derazasiga charos koʻzlarini qadagan, bizning boru yoʻgʻimizga e’tibor bermagan xushroʻy qiz esa men to manzilga qadar shu alfozda ketaman deganday goʻyo boshqalarga parvo ham qilmasdi. Yigit qoʻllarini koʻksiga chalishtirib, boshini devorga tirab, koʻzlarini chirt yumib olgan.

Moviy koʻz juvon zimdan koʻz qirini tashladi. Bu tabiiy holat. His-tuygʻularini jilovlay bilgan, husnu-latofatiga ishongan magʻrur ayollar odatda shunday qilishadi. Kamina ham birovdan kam emas: boʻyinbogʻ taqib, kostyum-shim kiyib olgan. Savlatdan ham nolimasak boʻladi. Biroq farishtaday goʻzal ayol qoshida mum tishlab, iyak koʻtarib oʻtiraverish har holda odobdan boʻlmasa kerak. Erkakchilikka ham toʻgʻri kelmas-ov. Shoirimiz aytadilar-ku: «Goʻzallikning oldida axir choʻkka tushgan hatto xudolar...» oʻzimizga bino qoʻyib qaerga ham borardik.
— Ruxsat bersangiz, oʻzimni tanishtirsam, — dedim ruschalab va ayolga dadil boqdim.

Derazadan koʻz uzmay ketayotgan qiz tuyqus yelka qisib piqillab kulib qoʻydi-da, ayolga qosh uchirdi. Juvonning ham chehrasiga tabassum yoyildi.

– Bemalol. Qani, tanishaylik-chi?

Juvon shu qadar sokin va bamaylixotir gapirdiki, yuziga samimiy ifoda qalqiganini sezdim. Qiz hamon qiziqsinib qarab turardi.
— Yozuvchiman. Urgenchga, aniqrogʻi Qoraqal¬pogʻistonga ketayapman. Doʻstlarim chaqirishgan. Sayru sayohat deganday.

Ayol taajjublanib lab qimtidi, hozir kulib yuboradiganday. Koʻzlari ma’noli boqdi.
— Yozuvchiman deng. Nima balo, yozuvchilar ismini aytib tanishmaydilarmi? Ha, mayli, oʻzim aytaqolay. Ismim — Irina. Irina Nikolaevna! Bu mening qizim — Mariya. Moskvada yashaymiz. Biz ham Urgenchga, aniqrogʻi, Xivaga sayohatga borayapmiz.

Odamoviroq chogʻi, qiz ensasi qotib yuzini tagʻin vagon derazasiga burdi.
— Qizingiz talaba boʻlsa kerak... Toʻgʻri topdim¬mi? – dedim ataylab.
— Ha, talabaman. Judayam toʻgʻri topdingiz. Balki qaysi mavzuda diplom ishi yozayotganimni ham bilarsiz? — dedi qiz kesatib.

Tili zahargina ekan. Aftidan u meni xushla¬mayotgandi. Kim bilsin, balki onasi bilan suhbatlashishimni istamayotgandir.

Oraga jimlik choʻkdi. Yonimda mumiyolaganday qotgan yigitga jon kirdi, bopladi-ku, deganday choʻzib hushtak tortib qoʻydi. U ham xuddi qiz kabi goʻyo vagon derazasidan zipillab oʻtayotgan simyogʻoch¬larni sanagan koʻyi oʻz oʻyiga gʻarq boʻlib oʻtirardi.

Ayol bosh chayqab qoʻydi. Qizning sharttaki¬ligidan xijolat chekkani shundoq sezilib turardi.
— Xafa boʻlmang. Mashaning bugun kayfiyati yoʻq. Urgenchga samolyotda uchmoqchi edik. Kun boʻyi ovora boʻldik, chipta ololmadik. Joy yoʻq deyishdi. Urgenchga odam koʻp ucharkan, aksariyati sayyohlar. Toshkentni yaxshi bilmaymiz. Oʻzbekistonda birinchi marta boʻlishimiz. Poezdda ketmaymiz, deb rosa xarxasha qildi. — Ayol kulib qiziga qaradi. — Bu yerning odamlari yomon, ikki kunlab poezdda yurib boʻlarkanmi, deb oyoq tirab turib oldi.
— Nega bu yerning odamlarini yomon deydi. Unday emas, bizning xalqimiz mehr-oqibatli, yuvosh, kamtar-kamsuqum xalq. Mehmondoʻst xalq. Masha, siz oʻzbeklarni yaxshi bilmaysiz-ku, toʻgʻrimi? — Qizga savol nazari bilan qaradim.

Mashaning qoshlari chimirildi. Qizning chehrasida nimadandir hadik, sarosima zohir¬ligini, botinida xavotir qalqib turganini shundagina payqadim. Men bu holatni begona joyda ayrim kishilarda roʻy beradigan bezovtalikka yoʻydim. Qizning javobi qisqa boʻldi:
— Oyim menga oʻzbeklar haqida juda-juda koʻp gapirib bergan...
— Oyingiz sizga biz haqimizda nimalar degan?

Qiz bazoʻr tabassum qildi. Istehzo bilan lablarini qimtib, qosh uchirdi. Oʻlay agar uning bu qiligʻi oʻziga juda yarashiqli, koʻproq yosh qizaloqning araziga ham oʻxshab ketardiki, shu bois qizning pichingu-pisandasi menga ogʻir botmadi.
— Oyimning oʻzidan soʻray qoling. Yaxshisi men uxlayman. Bugun rosa charchadim.

Qiz oʻrnidan turib yuqori oʻrindiq toʻsham¬chisini tekislay boshladi. Xuddi xorazmlik raqqosalarday qora soch, qora qosh, tim qora koʻzlari porloq, yoniq chehra, xipcha bel bu qiz epchillik bilan kupening yuqori oʻrindigʻiga koʻtarildi.

Shu paytgacha yonimda miq etmay ketayotgan, biroq aminmanki, oʻzini beparvolikka solib jamiki gap soʻzlarni jon qulogʻi bilan tinglab oʻtirgan besoʻnaqay yigitni tirsagim bilan turtdim. Yigit menga oʻgirilib qaradi.
— Novo deysiz?
— Isming nima?
— Odamboy.
— Xorazmdanmisan?
— Hovvo.
— Odamboy, uka. Iltimos, choy damlab kel. Yurtingga mehmonlar borayapti-yu, sen uyqusirab oʻtiribsan...

Odamboy tushmagur ham quvgina ekan, gapi shu boʻldi:
— Choy boʻlsa choy-da. Lekin memonlar kofe icha¬jak¬ka oʻxshaydi. Yoshulli, men sizni donib durup¬pan. Siz televizorda chiqasiz. Yozuvchisiz. Lekin memonlar donishmadi. Qisinmang. Moskvaning televizorida chiqsangiz donishar balki...

Oʻzimni kulgidan zoʻrgʻa tiydim. Odamboy besoʻnaqay gavdasini sollantirib kupedan chiqdi. Irina sochlarini uzun, chiroyli barmoqlari bilan tuzatgan boʻldi. Yurak yutib uning moviy nigohlariga tik boqdim. Bu moviy koʻzlar qa’riga kishining qalb torlarini chertadigan mungli bir ohang singib ketganini his qildim. Bilmadim, menga shunday tuyuldi. Ayol oʻzini begʻam, betashvish koʻrsatishga urindi — yuziga tabassum yoyildi:
— Xoʻsh, nega tikilib qoldingiz, muhtaram yozuvchi? Hanuzgacha ismingizni ham aytmadingiz... Mayli, aytmay qoʻya qoling... Shunisi yaxshi — menga sizni Yozuvchi deb atash yoqib qoldi.
— Sizga yoqqan boʻlsa, men roziman. Demak, ismim — Yozuvchi!

Ikkovimiz ham kulishdik. Men yonimdagi yelim xaltani ochib, ichidan u-bu yegulik non, bir boʻlak qazi va kolbasa olib, yemak taxtaga qoʻydim.
— Birgalikda tamaddi qilsak. Sizni bilmadim-u, mening qornim ochdi.
— Men ham ertalabdan beri tuz totmadim. Buning ustiga Mashaning xarxashasi jonimdan oʻtdi. Siz xafa boʻlmang, u yaxshi qiz.
— Hechqisi yoʻq, yoshlikda boʻladi. Yoshlikni tushunish kerak. Yoshlikni tan olish kerak. Koʻz tegmasin, qizingiz chiroyli ekan. Lekin sizga oʻxshamaydi. Bizning oʻzbek qizlariday goʻzal. Toʻgʻri, siz undan ham goʻzal, yosh, judayam goʻzalsiz. Ikkovin¬giz ikki xil olam...

Mulozamat qilaman deb, xol qoʻymadimmikin, degan hadik bilan ayolga qaradim. Xayriyat, qiyofasida oʻzgarish sezmadim, aksincha Turgenev ta’biri bilan aytganda rusning maqtovga moyil tanti ayollariday charaqlab kuldi.
— Irina Nikolaevna, ha-ya, nima desam ekan, kamtarona dasturxonga qarang... Menda haligindan bor edi... Ellik-ellik olsak nima deysiz?
— Qanday boʻlarkin? Siz oʻzingiz ichmoq¬chimisiz?

Ayol oʻzini erkin his qilayotganidan quvondim.
— Albatta. Charchoqni oladi. Yoʻlda yaxshi ketadi, — dedim ishonch bilan.

Yelim xaltadan «Qoratov» arogʻidan olib dasturxonga qoʻydim. Ayol qiziqsinib qaradi.
— Oʻzbek arogʻimi bu?
— Ha, Nukus arogʻi. Zoʻr aroq. Men hamisha shun¬dan ichaman. Safarga chiqsam yonimda olvolaman.
— Mayli, oʻzbek arogʻini ham tatib koʻraylik-chi.

Irina oʻrnidan turib oʻrindiq tagidan katta charm sumkasini titkiladi. Bejirim shisha idishni olib dasturxonga qoʻydi.
— Manovi qoʻlbola qilib tayyorlangan gazakbop qoʻziqorin. Mazasini tatib koʻring.

Men yemak taxtada toʻnkarilib turgan paxta gulli piyolalarni oʻnglab, toʻlatib aroq qoʻydim. Irina chiroyli shisha idish qopqogʻini burab ochdi.
— Aybga buyurmaysiz, sanchqi yoʻq. Shuning uchun qoʻziqorinni qoʻl bilan olishga toʻgʻri keladi.

U uzun chiroyli barmoqlarini qaychi qilib oq tugmaday qoʻziqorinlarni olib non ustiga qoʻydi.
— Qani, oldik. Sizning sogʻligingiz uchun icha¬miz, — dedim.

Irina jilmaydi. Biz piyolalarni teppa-teng koʻtarib qoʻziqorinni gazak qildik.

Shu tobda kupe eshigi ochilib Odamboy kirib keldi. Qoʻlida choynak. Shishaga koʻzi tushib Irina ikkimizga angrayib qaradi.
— Choynakni qoʻy. Oʻtir, Odamboy, — dedim unga. — Irina Nikolevna, tanishing, bu yigitning ismi Odamboy, — Irina bosh irgʻadi.

Odamboy yonimga choʻkdi.
— Yoshulli, tashkil dim ajoyib-ku. Qoyil sizga.
— Dim ajoyib, dim ajoyib, — dedim men ham kesatib. — Odamboy, manovi qazi hamda kolbasani nima bilan kesishni bilmay boshimiz qotayapti.
— Hov, shunga bosh qotirib netasiz. Provod¬nikdan pichoq keltiraman.

Yigit oʻrnidan turdi.

Men yana piyolalarga quydim.
— U qayoqqa ketdi?— deb soʻradi Irina yigit¬ning ortidan qarab.
— Hozir keladi. Qani, olaylik.
— Nima uchun ichamiz?
— Tanishganimiz uchun. Umuman, nima deyishga ham hayronman.
— Axir yozuvchisiz. Biror gap oʻylab toping, — ayol ma’noli jilmaydi.
— Inson yuragi ummon. Shu ummon qa’rida qanchalab sir-asror, undan ham koʻproq orzu-istaklar choʻkib yotadi. Yurak ummonida orzular toʻlqin ursa inson botinida kuch-qudrat, yashashga ishtiyoq olovi yonadi. Shu olovning soʻnmasligi uchun ichamiz.
— Oh-oh, qoyil. Ya’ni, muhabbat olovining soʻnmasligi uchun ichamiz, demoqchisiz...
— Balki.

Yana kalovlandim. Ayol qoʻlidagi piyolaga termulib oʻyga choʻmdi.
— Ha, muhabbat olovi, muhabbat olovi... U soʻnmaydi. Biroq insonni yoqib kul qiladi.

Ayol hadik, shikasta ohangda goʻyo oʻziga oʻzi gapirardi. Koʻngil yarasining ogʻriqlari bir zumda yuziga qalqib chiqqan, bu azobga dosh berolmay koʻzlarini chirt yumib olganga oʻxshardi. U piyolani dast koʻtarib boʻshatdi, qiyofasida lahzada sodir boʻlgan horgʻinlik oʻrnini yana tabassum egalladi. Tund osmonda bulutlarni yorib quyosh charaqlagani kabi bu ayol ham hayotiga koʻlanka tashlagan taqdir iztiroblarini irodasi in'ikosi boʻlmish yoniq tabassum bilan mahv eta olishini, shu fazilati bilan koʻpchilik makkor va tulkisifat ayollardan farq qilishini payqadim. Uning samimiyatida gʻubor yoʻq edi.

Kupeda yana Odamboy paydo boʻldi. Qoʻlida pichoq, ikkita taqsimcha.
— Yashavor, yigit, bu ishing besh! Ke, yonimga oʻtir, inim.

Odamboy qazi hamda kolbasani parraklab kesib taqsimchalarga joylab, tavoze bilan Irina Nikolaevnaga yaqin surib qoʻydi. Ayol tashakkur bildirgan boʻlib bosh qimtidi.
— Bu nima? — dedi qaziga ishora qilib.
— Bumi, bu qazi. — Qanday tushuntirsam ekan degan alfozda taraddudlandi Odamboy. Soʻng, menga qarab: — Yoshulli oʻrischaga noʻnoqman, oʻzingiz gaplang, — dedi.
— Ot goʻshti bu, qazi! Ot goʻshtidan maxsus tayyorlanadi. Sizlarning salangizdan zoʻr bu, — dedim Irinaga. — Qani, Odamboy inim, Irina opang bilan yana bitta-bitta olaylik. Sen ham ichasanmi?
— Yoʻq, yoshulli. Menga duvri kemaydi... Ichmayman.
— Shundaymi. Ha, mayli. Irina Nikolaevna, Odamboy ham talaba, ichmaydi. Uni majburlamaymiz.

Piyolalarga yana qoʻydim. Irina qazidan tatinganday boʻldi. Odamboyimiz nafaqat odamoxun, oyoq-qoʻli chaqqon, balki fahm-farosatli yigit chiqib qoldi.
— Yoshulli men uxlamasam boʻlmas, agar biror xizmat boʻlsa aytarsiz, — deb tepaga koʻtarildi.
— Shunday qil, inim, shunday qil. Bemalol damingni olaver.

Soʻnggi qadahlarni ham boʻshatdik. Uning chehrasi yanada yorishdi. Sezayapman, Irinaning ham boshi qizidi. Menga gazak uzatdi. Soʻng ogʻir uf tortib oʻrnidan turdi-da, yonimga kelib oʻtirdi. Bir pas koʻzimga termulib turdi. Moviy nigohidan taralgan oʻt a’zoyi-badanimni kuydirib, yuragim chimillab ogʻridi. Ayol tuyqus yelkamga boshini qoʻyib titragan kuyi yigʻlab yubordi. Men uning otash nafasini sezib, aqlu hushimdan ayrilib tosh qotib turardim.
— Bilasanmi, Yozuvchi, men... men... biz, — uning yelkalari titradi... — biz nega Xorazmga borayapmiz?

U endi zir qaqshab yigʻlar, men esim ogʻib nima qilishimni bilmasdim.
— Sen yaxshi odamsan, Yozuvchi... Meni kechir.
— Oʻzingni bos, Irina... Qizing uygʻonib qoladi. Odamboy uygʻonadi. Oʻzingni bos!

Irina biroz jimib qoldi. Ogʻir tin olib oʻrnidan turdi. Joyiga borib oʻtirdi.

Shu payt tepa oʻrindiqda nimadir dupirladi. Qiz gʻujanak boʻlib oʻrindiqni mushtlayapti.
— Ayt, oyi, ayt! Dadamning oʻzbek ekanligini ayt. Sen menga yigirma yildan beri allaqanday oʻzbek haqida ertak soʻzlashingni ayt. Sening yigirma yillik armoning, mening yigirma yillik azobimni ayt! Bu odam senga oʻsha oʻzbekni topib beradi.

Qiz nafrat bilan qichqirdi. Soʻng teskari oʻgirilib chinqirib yigʻlab yubordi. Gʻudrangan koʻyi Odamboy ham uygʻonib pastga tushdi. Yuragimdan nimadir uzilib ketdi. Hangu mang boʻlib qoldim.

Kupeda serrayib turgan Odamboy dam menga va dam Irinaga, dam yotgan joyida piqillab yigʻlayotgan Mashaga ajablanib qaradi.
— Novo toʻpolon, novo boʻldi?

Poezd navbatdagi bekatga kelib toʻxtadi. Tashqaridagi simyogʻoch chiroqlaridan taralgan nur kupe ichini yoritdi.
— Hech narsa boʻlgani yoʻq. Xavotir olma, uka, iltimos, ma, manovi pulni olib bir shisha mineral suv olib chiq.
— Kerakmaydi. Pul kerakmaydi. Hozir opkelaman.

Irina boshini kaftlari orasiga olib mungli alfozda oʻtiribdi. Qiz jimib qoldi. Odamboy suv olib keldi. Poezd jildi.
— Yot, yotaver, uka. Umringdan baraka top! Yaxshi yigit ekansan...

Men piyolaga suv quyib Irinaga uzatdim. U boshini koʻtardi. Piyolaga uzatgan qoʻli qaltirardi.

Vagon derazasidan xira yogʻduga choʻmgan kupe hamda Irina ikkimizning aksimiz koʻrinardi. Poezd ortda qoldirib ketayotgan nigoh ilgʻamas kengliklarni tun pardasi qoplagan. Onda-sonda chiroqlari yoniq simyogʻochlar likillab oʻtadi. Darichasi nur taratib turgan uylar, qishloqlar ortda qoladi. Poezd tun qa’rida yelday uchib yoʻlning emas, balki vaqtning ham tanobini tortib azaliy qoʻshigʻini bir maromda kuylab borayotganga oʻxshaydi.

Oraga choʻmgan lahzalik sukutdan soʻng Irina boshini koʻtardi va xasta ovozda dedi:
— Yozuvchi, havo yetishmayapti, tanburga chiqa qolaylik.

Lopillab chayqalayotgan vagonda uning ortidan ergashdim. Toʻzgʻin tilla sochlari ochiq yelkasiga yoyilgan, adl qad, baland boʻyli, tizzasiga yetib-etmagan och-pushtirang kalta yubkasi, uzun va tirsillagan boʻliq sonlari, baquvvat oyoqlariga yarashgan soʻnggi rusumdagi baland poshnali oppoq tuflisi — bari-barisi meni batamom oʻziga mahliyo etib boʻlgandi. Iligi toʻq. Savlatdor va maftunkor Irina huda-behuda dardini dasturxon qilaverib koʻnglingga qoʻl soladigan, alaloqibat chuv tushirib seni laqillatib batamom ustingdan hukmronlik qilishga moyilligi baland uddaburon ojizalardan mutlaqo farq qilardi. U taqdir qimorida qartasini ochib oʻynaydigan ayollar xilidan edi. Bunday ayollarni Xolmirzaevning romantik hikoyalarida uchratish mumkin, deb oʻyladim. Poezd oʻqday uchar, tanburning ochiq derazasidan urilgan salqin shamol yozning batamom taslim boʻlganligini bildirar edi. Etim junjikdi. Ayol tanbur eshigiga suyanib, tun zulmatiga termulib qoldi.
— Chekishdan ber, — dedi u olis qorongʻulikdan koʻz uzmay.
— Marhamat...

Irina bosib-bosib chekar ekan, koʻzlarida yosh gʻiltilladi.
— Bilasanmi, vaqt oʻtgan sayin yuragim tobora ogʻirlashib boryapti, poezdning har bir taq-tuqi koʻkrak qafasimga gurzi boʻlib urilayapti. Uning oldiga borayotib notoʻgʻri qilayotgandirman, balki uni koʻrishga yuragim dosh berolmas, bardoshim yetmas, balki yuragim toʻxtab qolar, ishonasanmi, nazarimda poezd oldinga yurmayotganday, poezdning atrofida yer gurillab aylanayotganday. Men uni koʻrishni, uning yoniga borishni tasavvurimga ham sigʻdirol¬mayman. Eh, Xudoyim-ey, meni tushunayapsanmi, Yozuvchi?!

Irina hiqillab yigʻlay boshladi. Uni nima deb ovutishni bilmasdim. Ortiqcha gap-soʻz shundogʻam borligʻi hayajon ummonida gʻarq boʻlayotgan ayolning dardi-dunyosini ostin-ustun qilishi mumkinligini his qildim. Muhimi, men ayolni tushuna boshlagandim, uning qalb hissiyotlari charsillab yonayotgan alanga kabi vujudimni chulgʻay boshladi. Ayni tobda ayolni shu koʻyga solgan, uning taqdiriga soʻnmas ogʻriq ato etgan kimsa haqida oʻylardim.
— Uni hali ham sevasanmi?!
— Uf-uf... Sevgi nima ekanligini ehtimol bilmasman... Lekin men uni shuncha yildan beri yuragimda olib yuribman. U taqdirimning bir boʻlagiga aylangan. Yuragimning qa’r-qa’riga singib ketgan. U men uchun xotira timsoliga, oʻtmish timsoliga, qolaversa, bugunim timsoliga, ertangi kunim timsoliga, qizim, umrimning davomchisi timsoliga aylangan. Ehtimol sevgi deganlari shudir... Men uning yoniga otalik burchini da’vo qilib, talab qilib borayotganim yoʻq. Uni bir koʻrish uchun, u hayotimda chindan ham bormi, yoʻqmi, shuni yana bir karra goʻyo isbotlash uchun borayotgandayman.
— Uni koʻrmaganingga necha yil boʻldi?
— Yigirma yil. Roppa-rosa yigirma yil.
— Xat-pat yozib turadimi?
— Qayoqda. Kim bilsin, balki esidan ham chiqa¬rib yuborgandir.
— Shaxsiy hayoting haqida soʻrab-surishtira¬yotganim uchun uzr... Sen u bilan qachon topishgansan. Boyadan beri «U-U» deysan, Uning ismi nima, qaerda yashaydi? Uni qanday topmoqchisan, balki yordamim tegib qolar...
— Xorazmda, Xivada yashaydi. Ismi — Roma! Yigirma yil ilgari Moskvadagi harbiy gospitalda tanishganman. Jarrohlik boʻlimi boshligʻi edim. Uni olib kelishganda ahvoli juda tang edi. Kuragini oʻq oʻpirib ketgan, soʻl oyogʻi boldiri, boshining orqa qismini temir parchasi jarohatlagandi. Zambilda hushsiz yotardi. Gospitalda bir yil davolandi. Roma yagʻrindor, baquvvat, daroz yigit edi. Qalin qoshlari ostidan magʻrur boquvchi koʻzlarida hayot sinovlariga dosh bergan yigitning metin irodasi shu'la sochib turardi. Men uning koʻzlariga qarashga dosh berol¬masdim. Qoʻngʻirsoch, keng peshona, qirraburun, qalin moʻylabi oʻziga yarashib turgan bu pahlavon yigitni har gal koʻrikdan oʻtkazgani palataga kelsam oyoqlarim dagʻ-dagʻ titrab, ichimdan nimadir uzilib ketayotganga oʻxshardi. Bir alfozda yotsa-da, palataga kirishim hamon oʻzini oʻnglashga tirishar, ogʻriqning zoʻridan aft-angori oqarib ketsa-da jilmayishga urinardi. Oʻlim jari yoqasidagi yigitning hayoti uchun tunlari mijja qoqmay ibodat qilib chiqardim. Irodasi mustahkam, hayotga intiluvchan yigit tasavvurga sigʻmaydigan azob-uqubatlarga, ketma-ket qilingan jarrohlik operatsiyalariga dosh berdi. Tanasining kesilmagan joyi qolmadi hisob.

Oradan oylar oʻtib yigit sogʻaya boshladi. Jarrohlik boʻlimi boshligʻi boʻlishimga qaramay koʻpincha tungi navbatchilikni oʻz zimmamda qoldirardim, tonggacha uning yonida oʻtirardim. Shu bir yil davomida men unga bogʻlanib qoldim. Yigitning keksa onasi, ikkita singlisidan boshqa hech kimi yoʻq edi. Dadam avtohalokatda oʻlib ketgan derdi. Dahshat-a, oilada yolgʻiz oʻgʻil, ota yoʻq, shunday boʻlsa-da, u yoqqa harbiy xizmatga olib ketishgan. Men xizmatim davomida koʻp kuzatganman, u yoqqa koʻpincha otasi yo onasi yoʻq yoki oilada yolgʻiz oʻgʻil boʻlishiga qaramay kambagʻal, beva-bechoralarning farzandlarini xizmatga yuborishgan. Boy-badavlat, oʻziga toʻq oilalarning bolalari, ayniqsa, rahbarlarning farzandlari, u yoqqa yuborilmagan.
— Irina men tushunmayapman. U yoqqa deganda qaerni nazarda tutayapsan?
— Afgʻon urushiga.
— A-a-a?
— Ha. Afgʻon urushiga. Roma ham yolgʻiz oʻgʻil boʻla turib bosh egib indamay afgʻonga ketavergan.
— U oʻsha yoqda xizmatda boʻlgan degin...
— Oʻsha yoqda yaralangan. U yoqdan ogʻir yaradorlarni toʻgʻri Moskvadagi men xizmat qilayotgan gospitalga joʻnatishardi.
— Men ham afgʻonda boʻlganman, — dedim.

Irina yalt etib qaradi. Tanbur eshigining ochiq koʻzidan urilgan shamolda toʻzgʻigan sochlari uning yuz-koʻzlarini berkitib oʻynardi. Irina bir zum menga termulib jim qoldi. Bosh chayqagan boʻldi.
— Shunday de... Behudaga senga koʻnglimni yormayotgan ekanmanda-a?
— Kim bilsin... Sen Roma haqida gapira¬yotganding.
— Ha, shunaqa... Roma sogʻaygach bir yil Moskva yaqinidagi uyimda yashadi. Men unga turmushga chiqdim. Qizimiz Masha tugʻildi. Roma qurilish brigadasiga prorab boʻlib ishga kirdi. Uni tushunar¬dim: u oʻz yurtini sogʻinardi, yurtiga qaytishni xohlardi, kechalari uxlolmay yurib chiqardi. Biroq oriyatli yigit edi, meni xafa qilishni oʻziga ep koʻrmadi. Meni deb keksa onasi, singillari aziyat chekishini esa istamadim. Bunday ahvolda birga yashab boʻlarmidi? Oxiri Roma yorildi — onamni, uyimni, Xorazmni sogʻindim dedi. Qarasam lablari pir-pir uchayapti, koʻzida yosh qalqigan. Meni kechir. Sening oldingda qarzdorman... Sen menga koʻp yaxshiliklar qilding. Men seni yaxshi koʻraman, biroq nima qilay, onam, singillarimni oʻylab yurak-bagʻrim ezilib ketayapti, dedi. Uning qarshisida yigʻlab yuborishdan qoʻrqdim. Indamay koʻchaga chiqib ketdim. Uyga qaytib keldim, divanda gʻujanak boʻlib yotibdi. Unga sezdirmay tortmadan hujjatlarini oldim. Toʻgʻri aeroportga bordim. Romaga Toshkentga uchishi uchun aviachipta sotib oldim. Roma tungi reysda uchishi kerak edi. Qizimni opichlab aeroportga chiqdim. Xayrlashayotib koʻzlari jovdirab, koʻzlariga yosh quyildi. Meni, qizimizni bagʻriga bosib uzoq yigʻladi. Uydagilarimni borib koʻraman, bir oz turib, albatta qaytaman, dedi. Biroq men uning qaytmasligini ichki bir hissiyot bilan sezib turardim.
— Demak, boshqa qorasini koʻrsatmabdi. Nomard ekan, — dedim choʻrt kesib.
— Nega unday deysan? Uni ham tushunish kerak.
— Nima boʻlgan taqdirdayam erkakning ishini qilmabdi sening Romang.
— Dabdurustdan bunday hukm chiqarishing yaxshimas.
— Nima deyishimni xohlaysan?
— Hech nima dema... Romani muhokama qilmoqchi emasman. Aytmoqchimanki, vaqt oʻtdi, yillar oʻtdi, hayot tashvishlari, quvonchlari ichida ulgʻayib aqling ham toʻlishib borarkan. Istaklarimni jilovlay olishga kuch topoldim. Biroq qizimning xohishi, uning qalbida tinchlik bermayotgan gʻalayon oʻtini bostira olmadim.
— Qizing...
— Ha, qizim... Dadasini koʻrish, aqalli bir marta koʻrish uchun hamma narsaga tayyor edi. Maktabda oʻqib yurgan kezlaridayoq Roma haqida soʻrab-surishtiraverib holi-jonimga qoʻymasdi. Men gohida achchiqlanib, uni topish osonmas, Roma yashayotgan joyga borib boʻlmaydi, u yer juda olisda, odamlari badjahl, yovvoyi, deb qoʻrqitardim. U bu gaplarimga gohida ishonardi ham. Haliginda oʻzbeklarning nega yomonligini oyimdan soʻrang, deb kesatganda shunga kinoya qilayotgandi. Moskva Davlat Universitetining tarix fakultetida uchinchi kursda oʻqiyapti hozir. Koʻnglining tubida choʻkib yotgan dadasini koʻrish ishtiyoqini hech narsa bilan bosolmayapman. Boʻy yetgan qizni aldab boʻlmas ekan. Qizim hozir jizzaki boʻlib qolgan. Uning sogʻligʻini oʻylab qaygʻuraman. Jahli chiqsa men yovvoyiman, men yovvoyining qiziman deya chinqirib yuboradi. Taqdirimning qaltis oʻyinidan ortgan dardlar kamlik qilganday, qizimning yuragidagi ogʻriqdan ham azoblanaman. U axir inson farzandi, uning ham qalbi bor, yuragi bor, orzu-armonlari bor, axir oʻz otasini koʻrishni istaydi, uning qiyofasini xayolida oʻzicha gavdalantiradi, qoni tortadi, tomiri tortadi, uni koʻrgisi keladi.

Irina oʻziga-oʻzi gapirardi. Oʻzimni noqulay sezdim. Tamaki tutatdim. Poezd ayolning dunyo yukidan ogʻir dardini ortmoqlab, chinqirib tun qa’rida olgʻa intiladi. Ha, poezd odamlarning dardu quvonchini olib intiladi, samolyotlar odamlarni dardi quvonchini olib uchadi, demak, yerda ham, koʻkda ham odamlar qalbining ogʻriqlari, shodliklari... Odamlar esa mana shu tushunchalar boʻlmaganida hech kim, hech narsa boʻlib qolaverardilar.
— Irina...
— Nima deysan?
— Sen judayam chiroylisan.
— Qoʻysang-chi.. Men taqdir, zarbalariga chidab, qora kunlarga kirib, ochiq chehra bilan qarashga oʻrgangan, sirtiga suv yuqtirmaydigan shoʻrlik ayolman.
— Yoʻq, sen chin ma’nodagi muhabbat timsolisan. Nima boʻlgan taqdirda ham Romang, Rahmat boʻladimi, Roʻzimat boʻladimi, Roʻziqul yo Roʻzivoymi, kim boʻlganda ham baxtli odam ekan. Eh, essiz...
— Nega uh tortayapsan...
— Bilmadim.
— Sen meni toʻgʻri tushungan boʻlsang kifoya. Xullas, boshingni ogʻritib yubordim. Uh-uh, sovuq shamol urayapti. Yomgʻir yogʻadimi deyman.
— Bizda kuzning oʻrtalarida yogʻingarchilik boshlanadi. Hali erta.
— Baribir sovqotayapman. Qani, kupega ketdik. Yotar payti ham boʻlib qolgandir.

Men uning ortidan ergashdim. Kupega kirishimiz hamon qizi nimadir deb gʻudrandi. Uygʻoq ekan, oyisini yana chaqib oldi.

...Urgench vokzalida meni doʻstlarim Reyimboy ogʻa, Nurilla kutib olishdi. Ikkovi ham qadrdonim, ming yillik qadrdon deyishadi-ku, shunaqa insonlar toifasidan. Reyimboy ogʻa vohada taniqli tadbirkor. Boy-badavlat, biroq oʻta vazmin, bosiq, kamtar kishi. Beli baquvvatligini shundoq yuz ifodasi, oʻzini tutishi, gap-soʻzidan bilib olasiz. Xorazmning mashhur, biroq oʻziga bino qoʻymagan boylaridan. Nurilla shundoqqina Urgenchning soʻl biqinida, Amudaryoning narigi qirgʻogʻida joylashgan Beruniy tumanidan. Bilsangiz kerak, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida Urgench bilan Beruniyni Amudaryo qirgʻoqlarini tutashtirgan poton koʻprik bogʻlab turadi.

Xullas, qadimgi Kat vodiysining Amu sohilida, ulugʻ alloma Abu Rayhon Beruniy bobomiz tavallud topgan yurt boʻyida tugʻilib oʻsganidan hamisha faxrlanib yuradigan Nurillaboy ancha soʻzamol, bir qop yongʻoqday shaqir-shuqur, gohida yosh bolaligi hali ham qolmabdi, degan oʻy bilan fe’li-xoʻyi ochiqligi uchun unga havasim ham keladi. Nurilla tuman xalq ta’limi boʻlimi rahbari. Hayotning past-balandini koʻrgan, andavaning obdovini qaysi tomondan olishni — vaziyatni silliqlashni, oʻzidan katta rahbarlar oldida sixni ham, kabobni ham kuydirmaslikni yaxshi biladi, tavoze-tavbasi joyida.

Ikki ogʻaynim bilan ham quchoqlashib koʻrishdik. Ularni Irina Nikolaevna hamda qizi Masha bilan tanishtirdim. Doʻstlarim rusning ikki goʻzaliga mahliyo boʻlib bir pas angrayib turishdi. Bir-biriga ma’noli qarashdi.
— Zoʻrsan-ku, bularni qayoqqa olib boramiz?

Nurilla pixillab kulib, soʻng doʻmboq kaftini uzatib oʻzicha tanishgan, oʻz madaniyatini izhor qilgan boʻldi. Irina kulib qoʻydi. Masha, kechagi Masha beparvo, bormisan yoʻqmisan ishi yoʻq, xuddi bu dunyodan bezib boʻlganday oʻz koʻyida oʻzi bilan ovora. Masha vokzalda mutlaqo oʻzgarib qoldi, atrofga hayajon bilan alanglaydi, Reyimboy ogʻa bilan Nurillaga umid va ishonch tuygʻulari porlagan nigoh bilan boqadi, goʻyo shulardan qaysi biri mening otam ekan deganday chiroyli barmoqlari asabiy oʻynab, hayajonini bosolmaydi.

Reyimboy ogʻaning choʻgʻday qip-qizil, salobatli «Opel»ida shahardagi baobroʻ mehmonxonaga yoʻl oldik. Ogʻa rulda. Nurilla old oʻrindiqda. Orqada biz — men, Irina, Masha. Manzilga yetgunga qadar Nurilla mehmonlarga Urgenchni tanishtirib bordi. Ular Nurillaning ta’riflarini jon qulogʻi bilan tinglashadi, atrofga hayajon bilan olazarak boqishadi.

Mehmonlarni «Jayhun» mehmonxonasiga, lyuks xonaga joylashtirdik. Xayrlashayotib Mashadan ham yorugʻlik chiqdi — judayam chiroyli jilmaydi:
— Xafa boʻlmang, siz yaxshi odamsiz. Meni kechiring, — dedi.

Gʻalati boʻlib ketdim. Irina eshik kesakasiga suyanib:
— Yozuvchi, nima deysan, uni topolarmikanman? — dedi ohista.

Men uning kaftini siqdim. Yuziga termuldim — nigohimiz toʻqnashdi.
— Albatta topasan, uni topish yoʻlini oʻzing yaxshi bilasan, viloyat harbiy komissariatidan soʻroqlaysan. Falon yillari afgʻonda boʻlgan deysan, vassalom, — deb uni yupatdim.
— Bilaman, shunday qilaman.
— Agar yordamim kerak boʻlsa qoʻngʻiroq qil...

Irinaga qoʻl telefonim raqamini qoldirib xonadan chiqdim. Orqamdan ergashgan Nurilla:
— Shunday goʻzal ayolni, anovi farishtaday qizini tashlab qayoqqa borardik, — deb toʻngʻilladi.
— Tez-tez yur. Qaerdagi gaplarni qoʻy. Daryo boʻyiga boramizmi yo Aqchakoʻl sohilida dam olamizmi? — gapni choʻrt kesib mavzuni boshqa tomonga burdim.
— Bugun biznikida dam olamiz. Ertaga tushdan soʻng Aqchakoʻl boʻyiga chiqamiz. Hamma narsa, taxta-qayiq tayyorlab qoʻyibmiz. Reyimboy akang ov miltigʻi ham topib qoʻyibdi. Xohlasang baliq ovlaysan, xohlasang oʻrdak, qirgʻovul, tovushqon otasan.

Tashqarida, katta yoʻl chetida Reyimboy ogʻa turardi.
— Nega buncha tez qaytdinglar? — dedi u ma’noli kulib.
— E, manovi xalaqit berdi. Maqol bor-ku, haligi... Oʻzi ham yemaydi, birovga ham bermaydi, degan, — Nurilla oʻzigagina xos holda yelka uchirib «xuxulab» kuldi.

Poton koʻprik orqali Amudaryoni kesib nargi sohil — Beruniyga oʻtdik. Yoʻl-yoʻlakay ularga Irinaning taqdiri haqida bilganlarimni soʻzlab berdim. Ikkovi ham jim boʻlib qolgandi.

Nurilla uyida ziyofat berdi... Ertasiga peshindan soʻng Aqchakoʻl sohiliga chiqdik.

Oh, naqadar kenglik. Ufqqa tutash sahro. Julgʻin, saksovul, uyumtikonlar oʻsib yotgan bepoyon qumlikning adogʻi yoʻq.

«Uazik» sahroni qoq yorib qum uyumida kuchanib oldinga intiladi. Sahroning oʻrtasida nima qilarkanmiz, deb oʻylayman. Chorak soatlar yurib soʻlga burildik. Moʻ'jizaga duch keldik. Shundoq qumtepalar orasida gavharday tovlanib, mildirab, mavj urgan koʻl paydo boʻldi. Koʻl qirgʻogʻi quyuq qamishzor. Sohilda chayla tiklangan. Qozon osilgan, oʻchoq olov gurillab yonayapti. Dimoqni qitiqlab qovurilayotgan goʻsht hidi taralmoqda. Oʻchoq boshida uch kishi kuymalanib turibdi. Biri qozon tagiga oʻtin tashlayapti, biri goʻsht toʻla qozonni uzun kapgir bilan qoʻzgʻayapti, nariroqdagisi esa chovgumda choy qaynatayapti. «Uazik» toʻxtadi. Mezbonlar bizga qarab tek qolishdi. Qoʻliga kapgir ushlagani yugurgilab kelib tavoze bilan dastlab Nurillaga qoʻl choʻzdi. Soʻng men bilan Reyimboy ogʻaga iltifot koʻrsatdi.
— Dasturxonga marhamat, mehmonlar. Ayni vaqtida keldinglar. Qani, Nurilla ogʻa, mehmonlarni chaylaga boshlang.

Chaylada dasturxon yozildi. Dastlab «Qoratov» shishalari dumaladi. Izidan meva-cheva, mineral suv idishlari keltirildi. Ulkan yogʻoch laganda qovurdoq tortildi. Qirgʻovul goʻshti gazakbop boʻlarkan, chanqagan ekanmizmi gap-gapga qovushib uch-ogʻayni botirlar ikkita «Qoratov»ni dumalatdik. Bosh qizidi. Mana manzara, ana manzara. Choʻl. Qumni yorib chiqqan tikonlar toʻdasi, saksovulzor, julgʻinzor... Biqinimizda yastanib yotgan zumrad koʻl sahroning sirli yovvoyiligiga oʻziga xos bir joziba baxsh etib turganga oʻxshardi. Koʻl tomondan salqin shamol esadi, qamishzor shovullaydi, qirgʻoqqa tangʻilgan damlama qayiq suv sathida lapanglab sollanadi. Qum zarralari uchadi. Tepalikda qum toʻzgʻiydi. Kunbotarda barcha bulutlar botayotgan quyosh nurida tilladay tovlanadi, uzoq tikilib tursangiz ufq gurillab yonayotgan, koʻkdan sahroga olov parchalari tushayotganga oʻxshaydi. Oqshomning qizgʻish shu'lasi koʻl sathida ham aks berib borliq sirli qirmiztus rangga choʻlgʻangan.

Xushhol kayfiyatda qayiqqa tushdik. Yengil shamol qayiqni koʻl ichkarisiga surdi. Suv yuzida qalqib kichik toʻlqinlar paydo boʻladi. Yarimigacha suv bosgan qamishzor ichkarilaganimiz sayin siyraklashib bormoqda. Olisdagi koʻz ilgʻamas tepaliklarga toʻsh urgan bepoyon koʻlga endi chiqib edik hamki, qamishzor burchida nimadir potillaganday boʻldi. Nurilla koʻrsatkich barmogʻini labiga tekkizib «jim» ishorasini qildi. Epchillik bilan qoʻshogʻizni olib oʻqladi-da, miltiq milini oʻsha yoqqa toʻgʻriladi. Lahzada nimadir qorayib koʻringanday, soʻng oʻzini qamishlar orasiga urganday boʻldi. Nurilla tepkini bosdi, atrof gumburlab ketdi, bir gala oʻrdak potirlab koʻkka uchdi, havoga porox hidi oʻrladi. Qamishzor burchagida nimadir, suvda shaloplab turdi-da, jimib qoldi. Reyimboy ogʻa qayiqni ildamlik bilan oʻsha tomonga haydadi. Suv sathi qip-qizil qon. Otilgan oʻq sochma boʻlsa kerak, uchta oʻrdak suv yuzida qonga boʻyalib yotibdi, ulardan biri hali jon taslim qilmagan — qanotlarini yozib jon uhmida tipirchilaydi. Qamishlar orasini yorib ichkari kirishga, berkinishga urinadi. Yuragim uvishdi. Xushhollikdan hech vaqo qolmadi. Nurilla hech narsa boʻlmagani kabi engashib oʻqqa uchgan oʻrdaklarni olib qayiqqa tashladi, men ularga qaramaslik uchun yuzimni burdim. Oʻq solingan xaltachani esa suvga tashlab yubordim. Nurilla angrayib turdi-da, soʻng bobillab berdi:
— Nega unday qilasan, aqling joyidami? Essiz, shuncha oʻqni rasvo qilding-ku...
— Boʻldi. Otmaysan, hech narsani otmaysan. Ov-pov qilmaysan.
— Seni deb ovga chiqdik. Hey, qiziq odam ekansan-ku... Koʻlda ov qilishning gashti bor-ku.
— Jim boʻl, ogʻayni. Koʻp gapiraversang, bu safar miltigʻingdan ham ayrilasan, — dedim.

Qizgʻish yogʻdu ogʻushidagi sohilga qaytdik. Oʻchoqda oʻt gurillayapti. Uch erkak gʻimirlab, yana nimalarnidir tayyorlashmoqda. Oqshom choʻkish arafasida – tabiatning talosh pallasiga xos boʻlgan goʻzallikni ta’riflashga soʻz ojiz, ayniqsa koʻl boʻyida, ayniqsa sahroda, ayniqsa chin doʻstlar davrasida.

Sohilga oyoq qoʻyishim hamon qoʻl telefonim jiringladi. Ayol ovozi:
— Salom, Yozuvchi. Bu menman, Irina...

Telefonda hiqillab yigʻlayapti. Yuragim uvishib ketdi.
— Nima boʻldi? Uni topdingmi? Nega yigʻla¬yapsan?..
— Qayoqda deysan. Yoʻq. Harbiy komissariyatda, viloyatda ham roʻyxatda yoʻq ekan. Kun boʻyi hamma tumanlarga soʻrovnoma yuborishdi. Topilmadi.

Irina entikib gapirar, yigʻidan oʻzini tutolmasdi.
— Shunday boʻlishi ham mumkin ekanmi? Butun boshli odam yoʻq boʻlib ketaveradimi?
— Ana, yoʻq deyishayapti-ku. Endi nima qilaman? Yordam ber, Yozuvchi.
— Nima qil deysan? Hozir qaerdasan?
— Mehmonxonadaman. Rosa charchadim. Boshim qotib qoldi. Masha aza ochib yuragimni qon qilvordi. Oʻzing qaerda yuribsan? — Irina zorlanib gapirar¬di.
— Koʻldaman. Ov qilayapman.
— Demak, kelolmas ekansan... Siqilib ketdim.

Irina uf tortdi. Ovozida allanechuk hazinlik, gʻamgin oʻtinch bor edi. U ayni dam men bilan bu kech negadir koʻrishishni xohlayotganini, begona yurtda yolgʻizlik azobi jon-jonidan oʻtib ketganligini his qildim.
— Agar sen xohlasang mashina yuborishim mumkin. Kechki koʻlni birga tomosha qilardik.
— Jon-jon deb borardim-u, Masha koʻnmaydi. Toʻshakka burkanib yotib oldi. Uning xarxashalari ham jonimdan toʻydirdi. Yo Xudo, ayt, Yozuvchi, nima qilay!.. Imkoning boʻlsa oʻzing kelaqol. Birga nonushta qilardik...
— Boʻpti, boraman, — dedim qat'iy. Shu tobda yuragim gupillab urar, Irinaning qarshisida boʻlib qolishni ich-ichimdan istayotgandim.

Keng sahro ham, bepoyon koʻl ham, keng dunyo ham menga tor boʻlib qoldi. Oqshom choʻkdi. Havoni qovurilayotgan baliq hidi tutdi. Chaylada yonboshlab yotdik. Atrofda xizmat qilib yurgan yigitlardan biri shisha chiroqning ichini ochib kerosin quydi. Soʻng pilikni yoqdi. Chayla yorishdi. Dasturxondagi noz-ne’matlarni xira yogʻdu chulgʻadi. Nurilla dasturxonda dumalab yotgan «Qoratov»dan birini olib ogʻzini ochdi. Uch piyola toʻldirib qoʻyib, shishani boʻshatdi. Uchovimiz ham bir koʻtarishda oxirigacha oldik, soʻng piyolalarni toʻnkarib qoʻydik.
— Demak, bormasang boʻlmaydi, shundaymi, — Oʻsmoqchiladi Nurilla.
— Ha, shunday. U kutayapti-ku, tushun axir.
— Qanday qilib borasan? Men ham ichib olganman... Shunday dam olishning beliga tepma, — dedi norizo ohangda Reyimboy ogʻa...
— Va’da berdim. Katta yoʻlgacha chiqarib qoʻysanglar boʻldi.
— Qaytmaysanmi? Nima balo, oʻsha yoqda qolmoq¬chimisan, — Nurilla taajjubini yashirib oʻtirmadi.
— Bunisini bilmayman.
— Yaxshi, biror yoʻlini toparmiz. Ana, baliq ham tayyor boʻldi, — Nurilla oʻchoqqa ishora qildi. Kattakon bir laganda qovurilgan baliq olib kelishdi. Nurilla oʻchoq boshida turgan yigitlardan biriga qichqirdi: — Hov, Kontuj, nega imillayapsan. Dasturxonning koʻrki qani? Shishalardan olib kel. Baliqning tagida qolsin. Tez-tez boʻl, hov, nega ovozing chiqmaydi. Ildam boʻl. Mehmon ketaman deyapti.

Xizmat qilayotganlardan biri uch shisha «Qoratov» olib kelib, dasturxonga qoʻydi.
— Qani, Kontuj, och buni. Oʻzingga ham toʻldirib quy. Qani, boshni qotirma, ol, oʻzingga yaxshilab quy. Bizni oʻylama... Qani.
— Yoshulli, uzr, men ichmayman, — dedi yigit mulzam tortganday.

Sersavlat, uzun qoʻllari keng yelkasiga mos, gavdasini biroz bukib oʻtirgan yigit iljaydi. Moychiroqning nim yorugʻida keng, yapoloq yuzidan turtib chiqqan chakka suyagi, qirra burni, oʻziga yarashiqli qalin moʻylabi, katta-katta oʻtkir koʻzlari, oʻsiq qoshlari, qiyofasiga singigan jiddiylik kishini oʻziga tortardi.
— Kontuj, senga xizmat bor. Mehmon akang bilan Urgenchga oʻtib kelasan, provang yoningdami? Reyimboy ogʻangni «Opeli»da. Tayyor tur.

Yigit koʻksiga qoʻlini qoʻyib ta’zim qilganday boʻldi. Biroq miq etmasdi. Soʻng menga ijozatmi deganday yer ostidan Nurillaga qaradi.
— Kontuj, bir ozdan soʻng yoʻlga chiqasan, achchiq qilib koʻk choy damla, — Reyimboy ogʻa mashina kalitini yigitga uzatdi. Kontuj deganlari oʻrnidan turib, lapanglab oʻchoq tomon ketdi.
— Buning ismi kim? Kontuj deb chaqira¬sizlarmi? — dedim Nurillaga.
— Ismini bilmayman. Hamma Kontuj deb chaqiradi. Koʻlda qorovul. Ammo qiyomat ovchi. Uchayotgan qushni uradi. Kontuj degan otga oʻzi ham koʻnikib ketgan.
— Ishqilib es-hushi...
— Qoʻrqma, kontuj boʻlsa ham juda epchil. Zoʻr haydovchi. Mashina boshqarishda bunga teng kela¬digani yoʻq.
— Uni yaxshi taniysanmi?
— Toʻgʻrisini aytsam, bu yerlarga qaerdan kelib qolganini bilmayman. Yozda koʻlda boʻladi, qish kunlarida odamlarning uyida xizmatini qiladi. Har yerda yotib kun kechiradi. Lekin oʻta aqlli qurmagʻur, ichmaydi, chekmaydi.
— Qarindosh-urugʻlari ham yoʻqmi?
— Yoʻq, shekilli. Soʻqqabosh. Qoʻysang-chi uni, qani, yaxshisi, baliqdan ol. Hozir «Uazik»da Kontuj ikkovingni biznikiga olib borishadi. Soʻng «Opel»ga oʻtirib, Urgenchga joʻnaysan. U yoqda yotib qolma, kech boʻlsa ham uyga qayt. Reyimboy ogʻang bilan seni uyda kutamiz.
— Yaxshisi, hammamiz birga keta qolaylik...
— Qayoqqa?
— Senikiga, keyin Urgenchga.
— Jinnimisan, hov, shunday maishatni tashlab-a... Biz uyga oʻzimiz boramiz. Unga qadar sen ham Urgenchdan qaytasan. Toʻgʻri uyga qayt. Biznikida tunaymiz. Qaytasanmi yoki... — Nurilla yana pixillab kuldi.
— Boʻpti, maydalashma. Kontujni chaqir... Boʻldi, quyma, boshqa ichmayman.

Men oʻrnimdan turdim. Haydovchi «Uazik»ni yondirdi. Kontuj ikkimiz mashinaga chiqdik.

Chodir tomli «Uazik» yoʻlga tushdi. Chodirga oʻrnatilgan oyna orqali ortga qaradim. Gurillab yonayotgan gulxan, sohildagi chayla tobora olislab borardi.

Nurillaning uyiga yetib kelgach, «Uazik» bizni qoldirib, iziga qaytib ketdi. Biz «Opel»ga oʻtirib Urgenchga joʻnadik. Reyimboy ogʻaning ishonib kalitni topshirganicha bor ekan, Kontuj mashinani ustalik bilan boshqarar, koʻnglimdagini payqaganday yeldirib borardi. Urgenchga kirib kelganimizdagina miq etmay qovogʻini uyub kelayotgan Kontuj nihoyat tilga kirdi:
— Ogʻa qaerga boramiz?
— «Jayhun» mehmonxonasiga hayda.

Rang-barang nur taratib porlagan chiroqlar ogʻushida naqadar jozibali koʻringan Urgenchning qoq markazida joylashgan salobatli mehmonxona yonida toʻxtadik. Vujudimni hayajon chulgʻar, oʻzimni atayin sipo, beparvo tutishga urinmay, mashinadan tushishga yuragim dosh bermasdi, agar shu tobda Kontuj: «Ogʻa, ketdik, uyga qaytamiz», desa indamay roʻyxushlik berishim hech gap emas edi. Nega shunday holatga tushganimni oʻzim ham bilmayman deng.
— Ogʻa, endi nima qilamiz?
— Nima qilardik, ketdik, mehmonxonaga kiramiz, — dedim bazoʻr.

Oyoqlarim oʻzimga boʻysunmaydi. Vaqt oʻtkazish uchun mehmonxona yonidagi doʻkonga bosh suqdim.
— Ogʻa, u-bu narsa olamizmi?
— Albatta, albatta olamiz. Quruq qoʻl bilan bormaymiz-ku...

Kontuj aytgan «u-bu narsa» ikkita yelim xaltaga joylandi.
— Ogʻa, menga bering, men koʻtara qolay.
— Ixtiyoring.

Ichkariga kirdik. Marmar yotqizilgan oynavand fayedan oʻtib, lift orqali toʻrtinchi qavatga koʻtarildik. Uzun yoʻlak boʻylab borayapman. Ortimda Kontuj. Yelim xaltalarni ikki qoʻltigʻiga qisib olgan. Beparvo. Dunyoni suv bossa toʻpigʻiga chiqmaydi. Buncha doʻkillatib qadam bosmasa.

Va, nihoyat mana, oʻsha xona eshigi. Ikkovimiz ham toʻxtab bir lahza jim qoldik. Kontuj ishshayib turibdi. Eshikni taqillatdim. Ichkaridan qadam tovushi eshitilib, ostonada Masha paydo boʻldi.
— Kiring, sizni oyim kutayapti.

U sherigimga qiziqsinib qaradi.

Kiraverishdagi xonada bir-biriga qarshi qoʻyilgan aynan oʻxshash ikkita divan hamda yumshoq oʻrindiq, bir qanoti qiya ochilgan deraza yonida bayramona, did bilan bezatilgan stol. Chindan ham kutayotgan ekan, degan oʻy oʻtdi xayolimdan. Kontuj esa poshnasi loy, chang bosgan qiyshiq poyabzalini ham yechmasdan tasur-tusur qilib kirib keldi-da, xona oʻrtasida qaqqayib turib qoldi.
— Oyim ichkari xonada, hozir chiqadi. Qani stolga marhamat, — Masha qirq yillik qadrdon¬larday bizni oʻziga yaqin olib tabassum qildi.

Ichkari xonadan egniga barqut xalat tashlab Irina chiqib keldi. Oltin sochlari yelkasida shovullaydi. Moviy koʻzlari chaqnab-charaqlaydi. Tiniq, chiroyli chehrasida kulgi.
— Yozuvchi amaki, bugun oyimning tugʻilgan kuni. Ajoyib kunda gʻaroyib sayohat, — Mashada kechagi tundlik, qaysarlik va betgachoparlikdan asar ham qolmagandi.

Men Irinaga qaradim. U tuyqus joyida toʻxtab orqaga tisraldi. Shu paytda serrayib turgan Kontujning qoʻlidagi ikkala yelimxalta ham yerga tushib ketdi, shishalar chil-chil sindi. Bu gʻaroyib manzara lahzada sodir boʻldi. Men karaxt boʻlib qoldim. Masha talmovsiraganicha devorga suyanib dam oyisi, dam menga, dam Kontujga qaraydi. Kontuj ihradi, yuzi oqarib, keyin lablari pirpirab nimadir demoqchi boʻldi, gapirolmadi. Men nima boʻlayotganini anglay olmasdim, Kontuj tizzalab oʻtirib, besoʻnaqay qoʻllari bilan boshini changallab oldi. Irina tik turgan koʻyi telbavor, aftadohol qiyofada Kontujga tikilib turdi-da, xasta, ihroq ovozda dedi:
— Roma, bu senmisan?... Roma, bu senmisan?!

Keyin uvvos tortib yigʻlab yubordi.