OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifQoʻchqor Norqobil
Asar nomiOsmon ostidagi sir (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Qoʻchqor Norqobil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm62KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/30
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
«Yoshlik» журнали, 2010 йил, 7-cон


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Osmon ostidagi sir (qissa)
Qoʻchqor Norqobil

Qishloq uzra xushxabar tarqaldi. Ahli qishloq hayratda qoldi. Kun chiqsa ham, oy chiqsa ham Xayrinisoning boshida porlaydigan boʻldi. Podayotoqning poyidagi koʻrimsiz kulbada ulgʻaygan yetimchaning dongʻi-dovrugʻi yetti iqlimga ketib, nomi olamning ogʻziga tushishi hech kimning, hatto Roʻzi bashoratchining ham xayoliga kelmagan edi. Toʻgʻri-da, togʻ tagidagi doʻppidaygina qishloqdan chiqqan qiz butun dunyoni oʻziga qaratib tursa...

Aslida bu qishloqqa na televizorning, na radioning keragi bor. Har bir xonadonning oʻzi alohida televizor, boʻlakcha radio – har bir uydan oʻziga xos yangilik, xabar tarqaladi. Qishloqning bir burchidagi shivir shu lahzaning oʻzidayoq qanot bogʻlaydi, qarabsizki, kiprik qoqib ulgurgancha hamma-hamma boxabar. Shunday boʻlgach, televizor ta’kidlab, radio tasdiqlab turgan, aynan shu qishloqqa taalluqli Xayri bevaning farzandi bilan bogʻliq jahoniy xushxabar qishloq osmonida momoqaldiroqday gumburlamasligi mumkinmi?

Oyda-yilda bir koʻrinib-koʻrinmaydigan togʻa boʻlmish Nabi vallomat xotinining hay-haylashiga qaramay, oʻgʻlim harbiydan qaytsa soʻyaman deb boqayotgan qoʻchqorni yetaklab Xayrinisonikiga yoʻlga tushdi. El koʻzi-da, el koʻzi! Ayrim ogʻzi bilan yuradiganlarning ichi kuysin. Togʻaning qanday odamligini koʻrib qoʻyishsin... Shu paytgacha tumshugʻi bulutga yetib turgan, dimogʻidan yogʻ dogʻ boʻlguday hamsoya Habi doʻkondorning hovli hatlaganiga nima deysiz? Bolalariga bosh irgʻab, imo qilgan edi, bir bidon yogʻ, uch-toʻrt quti toʻla ichkilikni hamsoyanikiga oʻtkazib tashlashdi. Qarindoshning qoʻlini qayirma deb Hasan boʻla tuguncha tutdi: “Kami-koʻstingga ishlat. Men yoningdaman, Xayri...”.

Bola-baqraning baqir-chaqiri, xotin-xalajning vagʻir-vugʻuri hukmron hovlida es-hushi bilan birga oʻzi ham uchib yurgan Xayriniso bir gapirib oʻn kular, qutlagani kelganlarga esi kirari-chiqari boʻlib javob qaytarar, hovlining u boshidan bu boshiga zir-zir yugurar, nimalargadir unnamoqchi boʻlar, lekin xayolini yigʻa olmay, supa chetiga choʻk tushib, bir nuqtaga tikilgan koʻyi koʻz yoshi ham toʻkib olardi.

– Hoy, ovsin, berman keling! Bugun endi keldi-ketdi koʻp boʻladi. Xotinlarni ichkari uyga olib, erkaklarga supaga, hamsoyaning hovlisiga joy tashlasak, nima deysiz? Qozon-tovoqni qizlarga qoʻyib bering.

Peshinga bormay hovli odamga toʻldi. Moʻmin qishloqda shunaqa: toʻy-hasham, aza-ma’raka oʻrtada oʻtadi. Eshitgan-eshitmagan keladi. Odamlari har biri oʻzicha donishmand, magʻrur boʻlishiga qaramay, bir-biriga yelka tutadi, qayishadi, bir-birini ovoz qoʻyib tergamaydigan rusmi-tamoyil vojib.

Qoʻchqor yiqitildi. Qozon osildi. Qudrat pochtachi Sapi momoning samovarini olib kelib oʻt qaladi. Xushvaqt fermer eski, shaloqi chiqqan “Jiguli”sini gurillatib kelib, ayvonning naqd boʻsagʻasida toʻxtatdi. Oʻchoq tomon qozon koʻtarib borayotgan yosh-yalanglar bazoʻr oʻzlarini chetga olib qolishdi.

– Otang otib olganmi deyman, Sayfi? – gʻudrandi oyogʻi toyib, munkayib ketgach, istil sholvori qozon kuyaga belangan Azim poʻrim.

– Otam ichmaydi, ogʻzingga qarab gapir, – oʻqraydi Sayfi.

– Ichmagani shumi? El-elomon yigʻilgan ma’rakada orqasidan yov quvganday shaldiroq aravasini uchirib oʻtdi. Xayriyat, bostirmaga borib urilmadi. Yoʻqsa Xayri xolaga uyingdagi sigiringni olib kelib berarding.

– Sigir beradi-ya, enasi otasini charxpalak qi¬lib uchirvoradi...

– Bas qilinglar. Qani, qozonni koʻtardik.

Xushvaqt fermer ulovi yukxonasini ochib, qoplardan sabzi-piyoz, kartoshka-sholgʻomni ayvonga, dunyo gʻiybati bilan andarmon xotin-xalaj oldiga dursillatib tashladi.

– Hoy ukkagʻardi ayollari! Jagʻlaringga yem bermay ish bilan shugʻullaninglar. Mana, manavilarni tozalanglar. Juma oshpazning jigʻiga tegmanglar. Masalliq vaqtida tayyor boʻlmasa, jizgʻanagi chiqib jirillaydi.

– Fermer qaynimdan oʻzim aylanay, – dedi ayvonda bir toʻp ayol ichida savlatdor gum-gursday boʻlib oʻtirgan Qurbonoy amma. – Akangizga koʻp maqtayman, shu iningiz qoruvli chiqdi deb. Hadeb xurjinni egningizga ortib bozor qatnayvermay, Xushvaqt permerga bir bormisan deng, hamma narsani yest qiladi deyman. Qayoqda, akangiz xoda yutganday, tip-tikka! Ey, qoʻy, tinch oʻtir. Noqulay boʻladi, deydi. Nima noqulayligi bormi, permerjon?

– Hecham-da, amma. Noqulayligi yoʻq. Cholingizning oʻzi odamga el boʻlmaydi. Oh, koʻcha-koʻyda yurishini koʻrsang, ministr deysiz! Ministr-a...

– Xushvaqtjon, kuying mang. Chol-da, shu gʻoz yurishdan boshqa hech narsa qolmagan.

Xushvaqt fermerning koʻngli yumshadi. Taqdir hazilini qarang-ga, togʻni ursa talqon qiladigan Mamat polvon bugun ayoli oldida oʻsal. Zap polvon edi. Naryogʻi Tojikiston, buyogʻi Turkmanistondan kelgan kurashchilarning oyogʻini osmondan qilardi. Yelkasi yer iskamadi. Davrada boshi xam boʻlmadi. Toʻyning eng katta toboqini Mamat polvon koʻtarardi, sovrinning zoʻri ham shuniki edi. Yo qudratingdan, shunday odamlar ham qarib-qartayar ekan-da. Lekin hozir ham qarashida qirgʻiyni qulatadigan oʻt bor-ov, shiddat-shijoati soʻlmagan xotini shunday odamni oʻsal qilayotganidan fermer xijolat tortdi, ichida nimadir zil ketganday boʻldi. Yuziga qizillik urdi.

– Amma, kechqurun uyingizga oʻtaman, – dedi tiliga erk berib yuborganidan mulzam tortib.

Eldan aylanay, eldan qoʻymasin, degani shu boʻlsa kerak. Hovlida bip-binoyiday toʻy boshlanib ketdi. Turdiqul prokatning stol-stulini opkelishdi. Qari-qartangga supada joy qilindi. Moʻmin qishloqning katta-kichigi yigʻilgan Xayri bevaning hovlisida karnay-surnay sadosi yangradi. Qishloq kichkina edi, yetti mahallasi boʻlmasa ham toʻyning ovozasi yon-atrofdagi kichik-kichik yetti qishloqqa yetadigan boʻldi.

...Badabang, qarsa-qurs toʻy avj olib ketganidan koʻngli yorugʻ tortgan Amir oqsoqol qiyofasiga jiddiy tus berib, toʻgʻri supaga qarab yoʻl oldi. Tuman markazidan qaytgan oqsoqolni supada oʻtirgan qariyalar andak qiziqish bilan qarshi olishdi, xoʻsh nima gap deganday unga zimdan koʻz qirini tashlashdi. Davraga,sukut choʻkdi.

– Gap bunday, kayvonilar, – deya soʻz boshladi oqsoqol tomoq qirib, – ertaga viloyatdan ham kattalar kelisharkan. Xayrini qutlasharkan. Katta rahbarning oʻzi ham ishtirok etadi. Tartib-intizomni saqlab turish kerak. Anovi zormandadan ehtiyot boʻlinglar. Ichadigan uyiga borib ichsin. Mehmonlar kep-ketsin, keyin nima qilishsa, qilishaversin, Moʻminda toʻyning bir kun boʻlganini kim koʻribdi..? Keyin nima nagʻmasi boʻlsa qilishaveradi.

– Toʻgʻri. Asad piyon bilan Ali kalga ehtiyot boʻlsak kifoya. Uyingda oʻtira tur, yoʻqsam, otangning soqoliga oʻt qoʻyamiz, deb qoʻrqitamiz. – Qodir chol xi-xilab kuldi.

– Bova, hazilning oʻrni emas. Bu – siyosiy toʻy!

– Elning yigʻiniga siyosatni aralashtirmang, jiyan, – dedi Sharif bobo.

– Toʻgʻri, lekin oʻzlaringcha toʻyni boshlab yuboribsizlar. Markazdan kelishimni ham kutmabsizlar, – oqsoqol izzattalablik bilan yorildi.

– Eshonbovalardan ruxsat op keldik. Toblari yoʻq ekan. Yaxshisi u kishini ham bir yoʻqlab qoʻysangiz yomon boʻlmasdi. Harna mahalla oqsoqolisiz, Amirvoy...

Shu mahal shimi pochchasini tizzasigacha qayirib olgan bolakay supa yoniga chopib kelib shosha-pisha bidirlay ketdi:

– Sharif bova, qishloqqa jar solib chiqaylikmi?

– Eh-ha, haliyam shu yerdamisanlar, tirranchalar. He, otangni jiligiga...

– Olim akamning mototsikli endi soz boʻldi-da, bova. Nima, deb aytaylik, nima deb baqiraylik, deb soʻrayapti Olim akam? – dedi bola burnini tortib.

Supada qur tortgan chollar jim qolishdi. Hamma bir-biriga nazar soldi. Va nihoyat Sharif bobo:

– Toʻlqin amakinikiga, Toʻlqin tanknikiga toʻyga deb qichqiringlar, ovozlaring Vaxshivorga yetsin, – dedi xoʻrsinib siniq ohangda. – Ha, shunday denglar, bolalarim. Bugun Toʻlqin tank tirilgan kun. Toʻlqin tank ovozlaringni eshitadigan kun. Bugun Toʻlqin tank hammalaringni koʻrib, bilib yotibdi. – Soʻng oʻzicha: – Eh, xudoyim-a, taqdiri-amal degani shumikin? – deb qoʻshib qoʻydi.

Olimboy eski “Ij” mototsiklining pedali bir tepib oʻt oldirdi-da, hayo-huy deb qishloqni qoq ikkiga boʻlgan yagona koʻchadan Obshir qishloqqa – yuqoriga qarab yoʻl soldi. Uning ortiga yopishib olgan bolakay chiyildoq, quloqni teshguday ovozda jar solardi.

– Hamma-a-a, Toʻlqin tanknikiga toʻyga-aaa... Toʻyga-a-a-a-a-yov. Toʻlqin tanknikiga-a-a-a, toʻy-ga-a-a-a-a!!!

Hovlisi adogʻidagi ariq boʻyida tahorat olayotgan Roʻzi maxsumning ichida ogʻriq turdi, yuragini nimadir chimillatib chaqqanday boʻldi. Tolning bilakday novdasiga orqasini berib oʻtirib oldi. Bolakayning chiyildoq ovozi maxsumning asabini qaqshatdi, chakka tomirlari loʻqillab ogʻridi.

– Xursand kalning nevarasiga oʻxshaydi. Tagi pastning ovozi buncha sovuq boʻlmasa, – gʻudrandi maxsum, soʻng yuragini kuydirayotgan oʻtdan qutilish uchun shaldirab oqayotgan ariq suvidan beixtiyor hovuchlab-hovuchlab icha boshladi. Ovoz tobora yaqinlashib kelardi.

– Hammaaa-a-a Toʻlqin tanknikigaa-a. Toʻygaaaa-a-yov!

– Ogʻzingga oʻq tekkur. Toʻlqin tank tirilib kelganday vahima qiladi-ya...

Maxsumni uyatmi, hasadmi, nimadir iskanjaga olarkan, boshini tizzalariga qoʻyib, ming azob ichida quloqlarini bekitib oldi. Biroq xotira lavhidan oʻkinch va alam yoshlariga belangan Xayrinisoning qargʻishga qoʻl ochib uvvos tortgan holatini hayday olmadi. Oʻtirgan joyida ixrab yubordi va oʻziga oʻzi pichirladi: “U zamon oʻldirgan boʻlsa, bu zamon enagʻar Toʻlqin tankni tiriltirdi...”

* * *

Toʻlqin tank u yoqda, daryo ortida xizmatni oʻtab qaytgandan soʻng bir zamon hardamxayol boʻlib yurdi. Elga esh, qariga yosh boʻlolmadi. Odamovilikni orttirib keldi. Oʻziyam tamakini ketma-ket, oradan shamol oʻtkazmay parovozday tutatardi. Bir nuqtaga termulib turaverardi. El-eldosh, qavm-qarindoshdan begonasirab, xayolparast boʻlib qolgan yigitni otasi Rahim polvon koʻp joylarga olib borib davolatdi. Enasi Maryam momo eskichilik dedi, suv dedi, oʻt dedi, chilton dedi, jin dedi, olib borib oʻqitmagan mullasi, silatmagan kinnachisi qolmadi. Doʻxtirdan boʻldimi, tabibdan boʻldimi, Toʻlqin tank elga qoʻshildi, rang-roʻyi oʻzgarib, odam siyogʻiga qaytdi, toʻy-tomoshalarga chiqadigan boʻldi, qoni tortib yana toʻylarda kurash tusha boshladi, ot izini toy bosdi – Rahim polvon toʻy-ma’rakada xotirjam oyoq uzatib oʻtiradigan boʻldi. Izida izdoshi bor. Toʻlqin polvon bor. Biroq, Toʻlqinboyning toʻyini koʻrolmadi. Oʻgʻli afgʻonda boʻlgan kezlar Rahim polvon yurak oʻynogʻini orttirgandi. Qoʻrquv, vahima polvonning ichini toʻkib, hadigu xavotir asorati sogʻligʻiga chang solib boʻlgandi. Boyaqish oʻldi-ketdi. Lekin bamaylixotir oyoq uzatib ketdi. Oʻgʻlining elga qoʻshilganini koʻrib ketdi.

Oʻlimidan ikki kun avval yerni yostiq, osmonni koʻrpa qilib yopib olgan Rahim polvon doʻsti-davradoshi Toʻychi polvonni chaqirtirdi. Toʻychi polvonning bir burdagina boʻlib qolgan boʻyinsasiga boqib, koʻngli choʻkdi, yuragi ezildi. Bemor bilan qoʻl berishib koʻrisharkan, kaftiga tekkan muzday shilimshiq narsadan seskanib ketdi, oʻlim nafasini tuyib, peshonasini sovuq ter qopladi.

– Oshna, seni bekorga chaqirmadim. Koʻrib turibsan, yelkam yerga malol kelayapti. Bu dunyodan nasibam uzilganga oʻxshaydi, – Rahim polvonning tomogʻiga nimadir tiqilganday boʻldi. Ovozi qaltirab chiqdi.

– Qoʻy bu gaplarni. Burga tepganga oʻxshaydi seni. Shunga shuncha vahima qilasanmi, seni qara-ya, – Toʻychi polvon bemorning koʻngli uchun hech narsani sezmaganga olib beparvo soʻzlashga urindi.

– Meni ovutma, Toʻychi. Ellik yildan beri yengu-elkadosh doʻstmiz. Davramiz bir boʻldi. Quru toʻrimiz bir boʻldi. Hamisha bir-birimizning orimizni olib kurashdik. Bu atrofda senday orkash polvon yoʻq hisob. Hamisha senga tan berib keldim. Buni bugun tilimga chiqarayapman, oshna. Gapning boʻlari, Toʻlqinboyimning toʻyini koʻrolmasligim aniqqa oʻxshaydi. Sezmay qoldim, dard birdan yiqitdi. Shu bolam afgʻon urushiga ketganini eshitgan kunimda koʻkragimda bir narsa paydo boʻlgandi. Bolam oʻsha yoqdan kelgunigacha necha bor oʻlib tirildim. Koʻksimdagi ogʻir tosh kattarib, ich-etimni ezib yuborgan, bilsang oshna. Ha mayli, diydiyoning nafi yoʻq...

Toʻychi polvon doʻstining behudaga oʻz dardini dasturxon qilish uchun chaqirtirmaganini bilib, his qilib turardi. Toʻgʻrida, Rahim polvonni endi koʻrib turgani yoʻq.

– Xullas, oshna, shu qizing Xayrinisoni Toʻlqinimga kelin qilsak. Endi bu yogʻi ikkoviga ham oʻzing otalik qilsang. Uzangi yoʻldosh oshnachiligimiz hurmati, iltimos qilaman, soʻzimni yerda qoldirma, Toʻychi oshna!

Toʻychi polvon biroz kalovlanib turdi-da, xoʻp ma’nosida bosh irgʻab, rizolik bildirdi.

Rahim polvonning yili oʻtgach, ahdu qaror – er yigit lafzi, deganlariday Toʻychi polvon dangʻillama toʻy qilib, qizi Xayrinisoni Toʻlqinga uzatdi. Biroq Rahim polvon qizini erga berdi desa, birov polvon oʻgʻlini uylantirdi, Toʻlqinjon otasi bilan oshna boʻlgach, ota oʻrnida otalik qildi, deyishdi. Nima boʻlganda ham elning koʻnglidagi ish boʻldi.

Olaxurjun yelkasiga tushgan kuyov xoʻjalik texnika omboridagi “Oltoy” zanjirli traktorni injenerdan qabul qilib oldi. Bir oy qoramoyga belanib ta’mirladi. “Oltoy” gurillab oʻt olganda, Toʻlqin qalpogʻini tepaga otib, bor ovozda qichqirdi:

– Urrra-a-a! Tank soz boʻldi. Tankni tuzatdim. Xaloyiq, tankmisan tank tayyor boʻldi.

Garajdagilarning kulaverib ichagi uzildi. Hamkasblarga xudo berdi:

– Tankingning pushkasi yoʻq-ku... Yoki bu urgʻochi tankmikin?... – dedi Haydar traktorchi hammaga eshittirib doʻrillagan ovozda.

– Ey, Toʻlqinboy, afgʻondayam tank haydagansiz-a?, – oʻsmoqchiladi Rajab qorovul nimagadir shama qilib.

– Ha, haydaganman. Yetti yuz oʻn oltinchi tankni haydaganman. Butun Afgʻonistonni kezib chiqqanman, – Toʻlqin kosa tagidagi nimkosani payqamadi.

– Xoʻsh, endi manavi urgʻochi tankning ketiga pulug bogʻlamasdan, bir oʻsha yoqqa – Afgʻonga olib borib kelmasangiz boʻlmaydi. Yoʻqsam, uvoliga qolasiz.

Qorovulning pichingi Toʻlqinning ensasini qotirdi:

– Nega unday deysiz?

– Axir u yoqdagi tankdan qochirib, nasl olmaysizmi. Bir umr bepusht boʻlib yuraveradimi?

Boʻldi kulgi. Boʻldi qahqaha. Toʻlqinning hamqish¬loqlarining begʻaraz hazilidan koʻngli yayradi. Bugun kayfiyati chogʻ edi, “tank” tuzaldi, endi dalaga chiqib ishlaydi.

– Toʻlqinboy, agar afgʻonga yana qaytib borishdan choʻchiyotgan boʻlsangiz boshqa yoʻli ham bor, – dedi Haydar traktorchi.

– Xoʻsh, qanaqa yoʻli bor? Oʻsha yoqqa borishga yuragim dosh bermay, ochigʻi qoʻrqib turgandim.

– Hozir “tank”ingizga pulug tirkab toʻgʻri Roʻzi maxsumnikiga borasiz. Kamida yigirma sotix yeri haydovsiz yotibdi. Soʻrab-netib oʻtirmay, yerini haydayverasiz. Ishni tugatgach, maxsum haqqingizga duo qilib, “Oltoy”ga dam solib qoʻyadi. Keyin koʻrasiz, “tank”ingizning boʻyida boʻladi.

Texnika omboridagi hangoma shu kuniyoq qishloqqa yoyildi. Toʻlqin oʻziga tank degan laqab orttirib oldi. Odamlar Toʻlqin tank deydigan boʻldi. Borib-borib qishloqdoshlarining shunday chaqirishlariga oʻzi ham koʻnikib ketdi. Odamlar Toʻlqindan minnatdor edi, qishloq ahli Toʻlqinni yaxshi koʻrishdi: “Toʻlqin tank baraka topsin, yerimizni haydab berdi...”, “Ana, Toʻlqin tankka ayt, yeringni tekislab beradi...”, “Toʻlqin tank adirlikdan yer ochishimizga yordamlashdi...”, “Toʻlqin tank togʻdan oʻtin sudrab olib kelib berdi”. Xullas, Toʻlqin tank allada aziz, toʻrvada mayiz boʻldi-qoldi. Roʻzgʻoriga ham baraka indi. Qoʻling quruq boʻlmasin deb qishloqdoshlar xizmati evaziga choy-chaqa berib turdi. Mol-hol qildi, qoʻrasiga qoʻy, katagiga tovuq kirdi. Faqat hovlisida pildirab, yugurgilab tovugʻiga tosh otadigan bolasi yoʻq edi. Toʻlqin tankning ichi ezilib borardi.

Ichi kuyib-kul boʻlib borardi. Yillar oʻtaverdi. Toʻlqin tank yaxshi niyat bilan Denov bozoridan olib kelgan beshik hamon uy burchida osilib turardi. Oʻrgimchak toʻr tashladi beshikka. Xotini Xayrinisoning tuman markaziga doʻxtirga qatnayverib sillasi quridi. Oxiri qoʻl siltadi. “Peshanamdan koʻrdim. Xudoning aytgan yaxshi kuni ham bordir”, deb oʻyladi.

Toʻlqin tank odamlardan yana oʻzini olib qochadigan boʻlib qoldi. Goʻyoki hamma unga qoʻlini bigiz qilib koʻrsatayotganday tuyulardi. Oldingi odamoviligiga qaytdi. Yana qora oʻy-xayollar gʻujgʻon oʻynab, boshida ogʻriq qoʻzgʻala boshladi. Kechalari alahsib uxlay olmadi. Koʻzi ilindi deguncha son-sanoqsiz tanklar bosib kelaverar, qiyomat-qoyim jang maydonida qolib ketardi, gohida goʻdagini bagʻriga bosib yugurayotgan Xayrinisoni soch-soqoli oʻsiq, sallali, qurol tutgan kishilar quvib borishar, ushlab oʻrtaga olishar, shafqatsizlarcha otib tashlashar edi. Ba’zida allaqayerlardan paydo boʻlgan bolakay Toʻlqin tankka qarab chinqirib yugurar, navqiron paytida oʻzi jang qilgan Chorikor changalzorlari, Pogman va Gardez togʻlari, Kandahor choʻllaridami, qayerdadir oʻsha yugirib yurgan bolani himoya qilish uchun koʻksini oʻqqa tutar, yuguray desa zil-zambil oyoqlari oʻziga boʻysunmas edi. Bunday paytlarda baqirib uygʻonib ketardi. Urushning xotira ogʻrigʻini inson tafakkuridan hech bir kuch sugʻurib olib tashlay olmas ekan. Urush odamzotni baribir magʻlub etib, uni oʻz komiga tortib olarkan, inson urush xotirasi komida yasharkan.

Ogʻziga kuchi yetmaganlar gʻiybat qildi, bu dunyoda gʻanimi yoʻq odamning oʻzi yoʻq ekan. Toʻlqin tankning afgʻon urushida nafaqat kallasi ketgan, pushti ham kuyib kul boʻlgan, deguvchilar ham topildi. Teshik quloq eshitadi-da, bunday paytlar Toʻlqin tankka yeru osmon qorishib ketganday, yelkasini bir ogʻir yuk bosib yer qa’riga kirgizib yuborayotganday tuyulardi. Qishloq yuqorisidagi oqtepa poyida koʻksini zax yerga berib, yuztuban yotardi. Kuyib yongan bagʻrini yerga bosib sovutardi, hovuridan tushardi. Shunday kezlari oʻtmishning tumanli manzaralari xayolini qoplar, zil-zambil boshida ogʻriq turardi.

* * *

...Dastlab qarsillagan, soʻng lahzada borliqni larzaga solib gumbirlagan portlash eshitildi. Qoʻrgʻon tomon gʻizillab borayotgan tank lopillab havoga koʻtarilib, oniy holatda muallaq turganday boʻldi-da, gursillab yerga quladi. Toʻlqinning quloq-chakkasi shangʻillab, boshi kuzatuv oynasiga urildi. Hush-behush holatda tank portladi, degan oʻy xayolini chaqinday tilib oʻtdi. Keyin eshik qopqogʻini qanday ochib qay holatda tank ichidan tashqariga otilib chiqqanini eslay olmadi. Yonidan koʻkish tutun koʻtarilib, chang-toʻzon oʻrlab, portlash roʻy berdi. Zarb bilan urilgan issiq havo toʻlqini toʻrt-besh qadam nariga, xaroba kulba devori yoniga uchirib yubordi. Qovugʻida jizillagan ogʻriqni his etib hushidan ketdi.

Qobuldagi markaziy gospitalda toʻrt oy davolandi. Yelkasidagi, soʻl kuragining pastidagi jarohat yengil edi, tez bitdi. Biroq qovugʻini yorib kirgan snaryad parchasini olib tashlash oʻlim bilan barobar boʻldi. It azobini tortib qiynaldi. Yara zahmi umurtqagacha yetdi. Dard ham, davo ham taqdirning yozigʻi. Kuni bor ekan, hayotga qaytdi. Gospitaldan chiqadigan kuni palataga davolovchi vrach polkovnik Stonogin kirib keldi. Karavotga yotqizib, obdon koʻrikdan oʻtkazdi. Kindigi pastiga, qovugʻiga oʻrtancha barmogʻi bilan urib koʻrdi, tumba ustidagi kasallik varaqasini olib sinchiklab koʻzdan kechirdi. Toʻlqinga “boʻldi, oʻtiraver” ishorasini qilib, oʻzi ham uning yoniga choʻkdi. Yigitning yelkasiga qoʻl tashlab, nigohiga termulib turdi, soʻng muhim gapni aytmoqqa shaylanib, lablari pirpiradi... Kuyib-pishib nimalarnidir gapirayotgan polkovnikning soʻzlarini oʻrischaga shashti past Toʻlqin unchalik anglab yetmay, bosh irgʻab qoʻyardi. Yigitning bunchalar bamaylixotir bosh silkitishi polkovnikning ensasini qotirdi, shu bilan birga rahmini keltirdi. Karavot yonida serrayib turgan hamshira yuzini burdi, yelkalari silkinib, piqillab yigʻlab yubordi. Polkovnik jarangdor ovozda: “Nu ladno, samiʻy glavniʻy tiʻ jivoy!” – dedi.

Toʻlqin bu gapning tagidagi mazmun-mohiyatni anchagacha anglay olmay yurdi. Soʻng tirikligingga shukur qil, tiriklik hamma narsadan afzaldir, degan ma’noga yoʻydi.

* * *

Oqtepa poyidagi zax yerga bagʻrini bosib yotgan, dunyo koʻziga qorongʻu koʻringan kezlarda polkovnikning oʻktam ovozi quloqlari tagida jaranglardi. Butun a’zoyi badani titroqqa tushardi, uyatdan yer yorilsa-yu, yerga kirib ketsa... “Enagʻar bilgan ekan-da... Shuning uchun menga gʻalati qarash qilib gapirgan... Pushtim kuyganini sezgan ekan, men ovsar uning kuyib-pishgani sababini tushunmabman. Hamshiraning yigʻlagani-chi?.. Bu kuningdan oʻlganing yaxshi... deganimidi bu. Uf...f, odam tirik turib ham oʻlar ekan-da, polkovnik? Men tirik boʻla turib oʻlgan odamman, polkovnik!..”

Toʻydan oldin taomili taqdir deb uyalib-netib, koʻziga koʻrinmay yurgan Toʻlqinga Toʻychi polvon odam yubordi. Huzuriga chorladi. Toʻlqin uyaldi. Betini bez qilib boʻlgʻusi qaynota huzurida xoʻrozday boʻp tursa epdan boʻlmas. El-ulus bor. Elagining epaqasi ketgan olomonning ogʻziga ermak boʻlsinmi...

Toʻlqinning istiholasi polvonga xush keldi. Ori but ekan, tomiri toza-da, tarbiyaning tagi zil ketmabdi, deb koʻngli xotirjam tortdi: “Unday boʻlsa, oʻzim borganim boʻlsin!”.

Toʻychi polvon Toʻlqinni koʻchada tutdi. Polvonni koʻrib Xursan kalning darvozasiga oʻzini uraman deb taysallagan edi, ulgurolmadi, polvonning gurillagan ovozidan joyida toshday qotdi:

– Hov bola, beri ke! Qochma, oʻgʻlim!

Polvonning qarshisida turish qiyin boʻldi, uning oʻsiq qoshlari orasida yaltillab turgan oʻtkir nigoh¬lariga dosh berolmadi. Iyagi oʻmganida. Polvon durillab gapirdi, nazarida butun qishloq eshitib turganday Toʻlqin oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi:

– Otangning vasiyati vojib boʻldi, seni kuyov qildim. Bu deganim oʻgʻlim yoʻq edi, oʻgʻlim boʻlding deganim. Xayriniso – yakka-yolgʻizim. Xotinim bundan oldin toʻrt oʻgʻil tugʻdi, toʻrtoviyam turmadi, yerni semirtirdi, yoʻgʻasam toʻrtovi toʻrt tomonimda tik ustun boʻlib boshimdagi osmonni suyamasmidi? Bu dunyoda topganim – oʻgʻlim ham shu, qizim ham shu. Bolam, nasihat-niyatim – bolamga qoʻl koʻtarmaysan, tomiring toza suvga tekkan – Polvon naslidansan, chin erkak ayolga qoʻl koʻtarmaydi, bolam. Ojizaga qoʻl koʻtargan erkakning erkakligi qolmaydi, roʻzgʻorining ham barakasi uchadi. Uqdingmi, bolam? – polvonning ovozi qaltirab chiqdi.

– Tushundim, Polvon ota! Tushundim. Ayolimga koʻtarilgan qoʻlim sinsin, qoʻlim uzilib tushsin, – dedi Toʻlqin ham.

– Bilaman, bolam, bilaman. Otangning bolasisan! Ojizning ohidan qoʻrqadiganlar xilidansan. Tomiring tezak quyqali koʻlmakdan suv ichganda ogʻzimning yelini shamolga bermasdim, bolam.

Polvon ketdi. Toʻlqin yoʻlning qoq oʻrtasida oʻziga kelib-kelmay soʻrrayib turib qoldi.

Toʻlqin Xayrinisoga sira qoʻl koʻtarmadi. Uch yil oʻtdi, besh yil oʻtdi – zor-zardobni ichiga yutdi. Nima desin? Nima qilsin? Ohini kimga aytsin. Eshitgan quloqqa yomon. Oʻl-a, bu kuningdan deyishmaydimi, bu kuningdan oʻlganing avlo demaydilarmi? Yoʻq, Toʻlqin tank ayolini urmadi, oʻzini urdi, urgandayam yerga, qattiq, tosh-metin yerga koʻtarib-koʻtarib urdi. Polvonning bolasi edi Toʻlqin tank. Uni hali hech kim bunday alfozda, oʻzichalik yerga urmagan edi, oʻzini oʻzi yerga urdi, yolgʻiz qolgan pallalarda paxtazor oʻrtasidagi laylak tut tagiga borib oʻzini oʻzi yerga urib-urib yigʻladi, ichi ezilib yigʻladi. Ichi toʻkilib yigʻladi, xilvatda halovat bilmadi – uy ichini qulflab, ikki dunyosi zimiston boʻlib, oʻzini yerga otdi, tutqanoqi tutib, quyonchigʻi qoʻzib, oʻzini yerga urdi.

Toʻrt tomirini tuproq chiritgan, toʻrt muchasida toʻrt oʻlimning armoni qotgan Toʻychi polvon ham bu dunyoning nomardligiga tan berdi, hayo-huyt, deb etak silkib, bu dunyoni tark etdi. Armoni Toʻlqin oʻgʻli, Xayriniso qizining beshigida buvak yigʻlamadi. Cholining imi-jimida oʻz ishini bitirib, charxi chigʻirni oʻziga omonatga qoldirib ketganidan koʻngliga qil sigʻmay qolgan Muztar kampir, qizi Xayriniso chehrasidagi siniqliknimi, soʻniqliknimi ahyon-ahyonda payqab, jazavasi tutib qolardi. Kampirning tishsiz ogʻzidan shu darajada haqorat toshlari yogʻilardiki, bu toshu dashnomlar oʻqi kimga qaratilganini Xayriniso his qilib turar, ich-ichidan ezilib kichrayib, shu mushtdekkina kampir oldida oʻzini ojizu notavon sezardi.

– Qilobdan ketgurning gerrayishiga oʻlasanmi? Seni buytib xoda yutib yurishingga birovning oq buti qora kuyarmidi. Qiliqsizniki qirq qarich deb shuni aytsalar kerakda, temir-tersak ichida moyga botib, shuvillatib shuvillak chalgandan koʻra oʻzingni qaratsang oʻlasanmi, boʻyning uzilgur! Oʻzingdiyam, boshqalariyam ovorai jahon etib nima qilasan, koʻkayimni quritib, koʻktomirimni chiritdi-ya, bu goʻrsoʻxta.

Xayriniso “goʻrsoʻxta” kimligini biladi. Eri. Erini qargʻayapti enasi. U shoʻrlikka ham oson deysizmi? Oʻz dardi oʻzi bilan. Xayriniso erini yaxshi koʻradi. Gohida balki “ayb” oʻzimdadir, shunday erkakni ovvorayu jahon qilayotgandirman...” degan oʻyga boradi. Qoʻrquvdan seskanib ketadi. Erini oʻzidan ayri tasavvur qilolmaydi. Ming bir tahlika oʻti ichida xayoliga kelgan mash’um oʻydan toʻlgʻonib, chiday olmaydi. Oʻzini qoʻyarga joy topolmay tipirchilab qoladi. “Unday emas. Ayb mendamas. Termizga tekshiruvga borganimda doʻxtir opa ichingiz toʻla bola deb edi...” – degan oʻy bilan oʻzini yupatadi, yongan koʻksiga suv sepadi. Biroq, bu taskin ham uzoqqa choʻzilmaydi. “Ayb” erida ekan, mabodo eri tuzalmasa-chi! Bunday kezda ham Xayriniso vahima girdobiga kirib qolardi. Na unisiga chidaydi, na bunisiga. Xullas, yostigʻini eridan boshqa birovga yumalatishni istamas, bunday boʻlishini tasavvuriga ham sigʻdirolmasdi. Erining doʻq-poʻpisasidan choʻchib mum tishlab toʻyga rizolik bergan Muztar kampir hol soʻrab kelgan qiziga hovlini boshiga koʻtarib arzi-dod aylardi:

– Hoy, menga qara, bolam. Anavi qirchiningdan qiyilguringga ayt, traktori bilan qoʻshmazor boʻla¬vermay oʻzini uyoq-bu yoqqa koʻrsatsin! Qartayib koʻksingda suting qotgach, supraqoqdiga zor boʻlib umring oʻtadi.

Toʻychi polvon yoʻq-da, Toʻychi polvon yoʻq. Ovozini osmonga qoʻyib, hovlini boshiga koʻtaradigan boʻldi kampirsho. Xayriniso enasining uyidan koʻngli choʻkib, qaddi bukilib qaytadi. Qir etagidagi oʻz uyiga kelguncha boshida turfa xayollar aylanadi. Enasi aytgani kabi chindanam koʻkragim qurib qoldimikan, deb koʻksiga qoʻl yuborib koʻradi, eti uvishib, qoʻl tekkan yumshoq joyiga titroq kiradi, qayoqda, hali qarimagan, quruq oʻtinga aylanmagan.

Bu qiligʻidan yuziga qizillik urib, uyalib ketadi, chor tevarakka alanglab qarab qoʻyadi. Xayriyat hech kim koʻrmadi.

Koʻrasi atrofida kuymanglab, goʻng uyumini tomorqaga sochayotgan Roʻzi maxsum qoʻporilib tushgan paxsa devor osha adirga tutash yoʻl adogʻiga qaraydi. Qip-qizil koʻylagi shamolda oldga hilpirab, kelishgan beli-bastini koʻz-koʻzlab ketayotgan Xayriniso Roʻzi maxsumning koʻziga lovullagan olov boʻlib koʻrinadi. Maxsum entikib tikiladi. Kaftini peshonasiga soyabon qilib qaraydi. Ichida nimadir qoʻzgʻalib, boʻgʻziga tiqilib qolganday boʻladi. Qoni koʻpirib-toshadi. Ogʻir-ogʻir nafas oladi, entikib, xoʻrsinib qoʻyadi:

– Enagʻar, Toʻlqin tank, shunday juvonni xor qildi, – deydi oʻziga-oʻzi yutinib. Soʻng adir adogʻidagi gurillab yonayotgan qip-qizil olov koʻzdan gʻoyib boʻlgunga qadar tikilib turadi-da, huvillagan hovlida bir oʻzi soʻppayib qolgani, xotinini Ruqiyaning besh yashar qizini yetaklab onasinikiga, qoʻshni qishloq – Obshirga qaytmas boʻlib ketgani alam qiladi, yolgʻizlik jon-jonidan oʻtib, suyak-suyagini qaqshatib ogʻritayotganini his qiladi, behol paxsa devorga suyanib oʻtirib qoladi. Ukkagʻardi qizi Ruqiya mard ekan. Ogʻziniyam ochmadi. Tishiniyam yormadi. Elga ovoza qilmadi, lozimini boshiga ilib ayyuhannos solib, qishloqni boshiga koʻtarib shallaqilik qilmadi. Qizining qoʻlidan ushlab yetakladi, ketdi! “Uyingga oʻt tushsin. U dunyoi bu dunyo xoru zor boʻlib oʻlasan. Manavi norasidaning uvoli tutadi... “Xudoga soldim. Ikki koʻzing koʻr boʻlmasa, rozimasman” dedi qizining qoʻlidan tortqilab. Oxirgi gapni aytganda Ruqiyaning koʻziga yosh keldi. Roʻzi maxsum tok urganday seskanib ketdi, oyoq-qoʻli boʻshashib, eti uvishdi. Nazarida, xotini oʻzi bilan yurak-bagʻrini ham sugʻurib olib ketayotganday edi. Dahlizda qunish tekkan tovuqday qaltirab turgan Tamara malla oʻz ona tiliga oʻzbekchani urishtirib, poyma-poy soʻzlab oʻzini oqlamoqqa urinardi:

– Hoy, tiʻ sovsem dura, men yaxshilikka keluvdim, eringga uqutuvga, dam soldiruvga keluvdim. Nega tak shovqin-suron solasin... Ibey, sosedlar eshitsalar ne deydi. Kim aytadi seni mullaning xotini deb.

Ruqiya eshik kesakisiga suyanib, ilkis qaradi. Nigohida qahr uchqunlari sachraganday boʻldi:

– Ovozingni oʻchir, megajin. Boltalab tashlamaganimga shukr qil, qari kampir... Oʻzingni oʻqitgani kelgan boʻlsang, bu isqirtning qoʻynida yotib oʻqittirasanmi?..

Tamaraning uni oʻchib, nafasi ichida qoldi.

Roʻzi maxsum muztar boʻldi, tili kalimaga kelmadi.

Shunday qilib xotini ketdi, lekin ketganda ham qishloqqa gap oralatmay ketdi, dimi-dirs boʻlib ketdi. Tamara bilan ikkovining orasida boʻlib oʻtgan gap faqat uchchoviga va birgina Xudoga ayonligicha qoldi.

Mana shundan beri Roʻzi maxsum soʻqqabosh. Besh yil boʻldi, hovlidagi dorda ayolning kiyimi ilinmadi. Tamara ham qishloqni tark etdi. Aytishlaricha Ufaga, opasinikiga ketganmish.

Qishloq ahli negadir Roʻzi maxsumdan choʻchirdi.

Uning uyi ham qishloqning chetida edi. Bir oʻzi yakka-moxov boʻlib yashardi. El orasida maxsumning qori bobosi jodugar oʻtgan, koʻzga issiq qiz-juvonlarni duoiband qilib, ortidan, ergashtirib ketavergan, degan gap-soʻzlar yurardi. Roʻzi maxsum elning toʻy-ma’rakasida oʻzini koʻrsatarvermas, unga toʻy yoki ma’raka sohibining ham koʻzi uchib oʻtirmas edi.

... Mana, haftadirki Roʻzi maxsumning xalovati yoʻq. Shuncha yildan beri bilinmagan yolgʻizlik endi bilinganday. Uyqusi qochdi. Koʻzini yumdi deguncha, ufq yoʻlida qip-qizil koʻylagini shamolda hilpiratib, simi-simbatini koʻz-koʻz qilib ketayotgan Xayrinisoni koʻradi. Harom tomirida jodugar bobosining qoni qaynab, koʻknori boshi qizib, koʻzi qizaradi. Nafsi-nahs oraligʻida turli rejalar tuzdi. Oxiri, katta bir semiz qoʻchqorni Xumor momoning nevarasiga yetaklatib, toʻgʻri kampirning hovlisiga kirib bordi. Qishloqda gʻiybatu-gʻurbatning boshida turadigan Xumor kampir bunday mulozamatdan gangib qoldi. “Momo, savob uchun, oʻgʻlingiz Haydarqul armiyadan kelsa oyogʻining tagiga dumalatasiz. Toʻxtasin bobom xeshimiz edi, Xudo rahmatli cholingizning ham ruhi shod boʻladi, niyat qilganman, momo.” Roʻzi maxsumning gapi kampirni sariyogʻday eritdi, koʻnglini sel-selob qildi, rahmatli cholining tirigida toʻqimga almashtirmaydigan Roʻzi maxsum bugun cholning hurmatini joyiga qoʻyib, qoʻraga sigʻmaydigan qoʻchqor tortiq qilgani momoning hushini uchirib, dili-dimogʻini choq qilgan edi.

– Ha, endi, momo, oʻtadigan besh kunlikda bir-birimizga mehr-oqibat koʻrsatsak, nimasi yomon. Ayniq¬sa, qishloqdagi sizday, dugonangiz Muztar momoday kayvoni kampirlarning duosini olishning oʻzi ham savob-ku. Hazrat Navoiy ham insonning koʻngli Ka’badan aziz, deb bejiz aytmaganlar, momo. Ha, aytmoqchi, dugonangiz Muztar kampirning sogʻligi yaxshimi, rahmatli polvon bobo ketib kampir ham soʻppayib qoldi. Bu dunyo-dun shu ekan-da, momo...

– Nimasini aytasiz, inim. Kecha koʻrganing bugun yoʻq, deb shuni aytadilar. Muztar ham izimizdan chirogʻimizni yoqadiganning tomiriga bolta tegdi deb kuyunadi. Shugina, yolgʻiz qiziyam tirnoqqa zor oʻtayapti. Kampirning dardi shunda. Oʻlib oʻlolmaydi, shoʻrlik. Tinchi-halovatiga oʻt ketgan, dardi bir oʻzi-yu, yakka Ollohimga ayon...

– Momo, suqsurday qizining umri zavol topayapti. Bilasiz, bu qishloq, bir-biriga chatishib ketgan. Barimizning tomirimiz bir. Qarindosh-urugʻmiz. Begona yoʻq. Meniyam momomga rahmim keladi. Samarqanddagi nafasi toshni yorib, suvni teskari oqizadigan mulla oshnam dam solingan duoli dorilardan beruvdi. Oʻzim aytsam noqulay, momo, siz Muztar momomga ayting, qizi Xayrinisoni biznikiga olib kelsin. Noumid shayton deydilar... Illo, duoyi darmonimiz mustajob boʻlsa... Muztar momoga jonim achiganidan aytayapman buni.

Mulla roʻzi shu tobning oʻzida moʻ’jiza koʻrsatib, Xayrinisoning boʻyida gumona paydo qilgani kabi Xumor kampir bir qalqib ketdi, beixtiyor koʻziga yosh keldi, qoʻllarini duoga ochib maxsumning sha’niga bisotidagi jami yaxshi gaplarni aytdi, soʻng quruqshagan barmoqlarini namli yuziga tortib maxsumga tikildi:

– Boradi, Maxsumjon, boradi. Zora bir bechoraning mushkuli oson boʻlsa...

...Xayriniso ostonadan koʻchaga hatlashi hamono qalqib ketdi, enasi Muztar momoga suyanib, oʻzini tutib qoldi. Azoyi badani kuyib, ichida titroq turgan juvonning yurak urishi tezlashib, boshiga loʻqillab ogʻriq kirdi.

– Ena gʻalati boʻb ketayapman, oyoq-qoʻlim qal¬tira¬yapti. Darmonim yoʻq, ena, – dedi bazoʻr.

– Maxsumning dami oʻtkir, bolam, bu duoning kuchi, – dedi kampir ham oʻzida allanechuk titroq sezib, – Xudo xohlasa, hammasi yaxshi boʻlib ketadi. Kecha yaxshi tushlar koʻrdim. Rahmatli otang bogʻimizda olma terib yuribdi. Yuzi oyday tiniq, kulib-charaqlab turibdi. Bu yaxshilikka, xudo xohlasa, etaging toʻla bola sening. Maxsum ham aytdi-ku, qizingizning yoʻlida band solingan deb. Maxsum shu bandni oladi. Iloyo, umridan baraka topsin...

Xotini toʻrt kundirki mayizmi, qand-qursmi tu¬guncha qilib ertalabdan onasinikiga otlanadi. Toʻl¬qin tank Xayrinisoning keyingi paytlar hardam xayolroq boʻlib qolganini sezib yuribdi. Avvaldan jini suymaydigan qaynonasi yana “propaganda”ni boshlagan koʻrinadi. Mijgʻovsirab qizini tergagani-tergagan. Bularning oilasiga burun suqishni sira kanda qilmaydi. Doimo bir baloni boshlab yuradi shum kampir. Toʻlqin tank qaynonasini ichida boʻralab soʻkib, koʻngli taskin topdi-da, xotinidan bugun yana qayoqqa otlanib qolganini soʻradi.

– Enamni koʻrib kelaman, tobi yoʻq, – dedi.

Xayriniso shunday dedi-yu, yolgʻon soʻzlaganidan duv qizarib ketdi, nazarida, eriga nisbatan nojoʻya xatti-harakatlar qilayotganday, eridan sir tutgan narsasi erining izzat-nafsini toptayotganday, shu bilan erini haqoratlayotganday tuyuldi. Bor gapni eriga shartta aytmoqqa chogʻlangan edi, Toʻlqin tank bilganingni qil, degan kabi qoʻl siltab, buldozer zanjiriga oyoq qoʻyib kabinaga kirdi-da, uni oʻt oldirdi. Buldozer gurillab, Obshir adir tomon yoʻl soldi.

Muztar kampir oyogʻim ogʻriyapti, deb oh-voh qildi. Qirilib ketgur jin koʻchadan adirlik boʻylab maxsumning uyiga qatnashverishga holim yoʻq bolam, deb zorlandi. Oʻzing bor, ixlosni kanda qilma deb qiziga yalinib-yolvordi. Maxsumning dami oʻtkirligini yana bir bor qiziga pisanda qildi.

Qishloqdan ayrilib qolgan, nishoblik orqali tor soʻqmoq olib boradigan maxsumning kulbasi hayot ummonidan uloqtirib tashlangan kemaday fayzsiz va koʻrimsiz edi. Xayriniso paxsa devorga omonat tirkalgan eshikni taqillatib ochib, ichkariga hatlashi hamono botinida vahima qoʻzgʻaldi, bir oʻyi ortimga burilib qaytib ketaman, deb taraddudlanib turgan edi hamki, roʻparadagi pastqam uy eshigi ochilib, dahlizda Roʻzi maxsum paydo boʻldi:

– Kelsinlar, bibi, kelsinlar, – dedi tomoq qirib chiyillagan ovozda, egnidagi jelak yoqasidan ikki qoʻli bilan ushlab, kurashga shay polvonday qaddini gʻoz tutish qildi.

Xayriniso noiloj eshik yonida turib qoldi. Maxsum yana bir bor tomoq qirgan edi, oyoqlari oʻziga boʻysunmay, beixtiyor dahliz tomon yurdi. Dimiqqan, nim qorongʻi xona ichi fonusning xira yogʻdusida yutib yuboraman deganday vahimali koʻrinadi. Maxsum burchakdagi isqoti poʻstak ustiga borib oʻtirdi. Juvonga beri kel, ishorasini qilib, qoʻli bilan yoniga chorladi. Xayriniso sehrlanganday maxsumning yonginasiga borib oʻtirdi, nosning badboʻy hidi dimogʻiga urilganday boʻldi. Maxsum tomoq qirib qoʻlini duoga ochdi. Xayrinisoning koʻz oldi xiralashdi. Maxsum uzundan-uzun nimarsalarni ovoz chiqarib oʻqiy boshladi. Xayrinisoning azoyi badani terlab, titroqqa tushdi. Birpasda maxsumning qiyofasi oʻzgarib, mutloq boshqa tusga kira boshladi. Maxsumning koʻkragidan yuqorisi, bosh qismi tuyqus boʻri koʻrinishini oldi, soʻng tanasida tulporning boshi paydo boʻldi, xullas maxsumning qiyofasi damba-dam tushunarsiz bir hayvonning qiyofasiga kiraverdi. Oʻtakasi yorilgan Xayriniso qoʻrquv azobida shilq etib maxsumning tizzasiga yiqildi, hushidan ketdi...

Xayriniso zil-zambil boshini bazoʻr koʻtardi. Boshi loʻqillab ogʻrirdi. Nima voqea roʻy berganini anglay olmay, bir oz karaxt ahvolga tushib qoldi. Tanasi piypalanganini, gulli chit koʻylagi bari koʻkragiga surilib, badani yarim ochiq holda yotganini his etdi. Tok urganday seskanib, ovi tizzasiga tushib qolgan lozimini toʻgʻrilab kiydi. Nima boʻlganini anglab, telbanamo kulib qoʻydi. Xayoli oʻzida emasdi, goʻyo ichiga bir narsa kirib olib, uni sarxush etardi. Soʻng xona burchidagi tunuka pech yoniga qoʻyilgan bir chelak suv va zanglagan togʻoraga koʻzi tushdi. Botinidan kelayotgan buyruqqa itoat etib, chelakdagi iliq suvga choʻmich soldi – yuvindi. Goʻyoki, hech narsa roʻy bermaganday ohista kiyinib hovliga chiqdi. Nazarida u bu hovlida uzoq-uzoq yillardan beri yashab kelayotganday edi. Ayni tobda uning oʻylashiga, fikrlashiga nimadir monelik qilardi, u sehrlangan koʻyi koʻchaga chiqib Obshir adir tomon – oʻz uyiga yoʻl oldi. Borliq shafaq ogʻushiga choʻmgan namozshomda togʻ tomonda bir parcha olov koʻzga tashlanardi. Muddaosiga yetgan maxsum mamnun holda unga termulib turardi.

Xayriniso xuddi sehrlangan kabi inon-ixtiyorini Roʻzi maxsumga topshirib qoʻydi. U har kuni ertalab, “Enamni koʻrgani boraman”, deb yoʻlga chiqardi. Toʻlqin tank xotinining oʻzidan uzoqlashib, orada sovuqchilik tushayotgani, Xayrinisoning betgachopar boʻlib borayotganini qaynonasining qilmishi deb tushundi: “Jodugar kampir qizini har kuni menga qarshi qayrayapti, urgʻochi shayton yerga kirmaguncha menga tinchlik bermaydi, meni buncha yomon koʻrmasa...”, degan oʻy koʻngliga ogʻriq soldi.

Xayriniso bu oqshom ham erini xushlamay qarshi oldi.

Traktorning tar-turi oʻchib, eri gursillagan qadam bilan supa yoniga yaqinlashganda Xayriniso sapchib oʻrnidan turib, ovqat isitish bahonasida oʻchoq boshiga yugurgilab ketdi. Gilosga qizillik, dovuchchaga xol urib, pishiqchilik ogʻzida turgan yozning ilk oqshomida Toshqul doʻkondorning bir shisha vinosini tik turib urgan Toʻlqin oʻzicha qadim bir kuyni xirgoyi qilib keldi-da, supa qirgʻogʻiga choʻkkalagan boʻldi. Soʻng oʻzini koʻrpacha ustiga tashlab, sarxush holda xotinini yoniga chaqirdi.

– Xayri-i-i, ho, Xay-ri-ii. Ke buyoqqa, ovqat-povqating kerakm-a-as.. Yonimga ke.

Xayrinisoning koʻngli aynidi. Oʻxchidi, zardoliga suyangan koʻyi allanechuk ahvolda, holsizlanib oʻtirib qoldi. Bu hol ikkinchi bor takrorlanayotgani, botinida saqlagan sir, qoʻrquv, oʻlim yangligʻ bir fojia yuzaga qalqib chiqayotganini anglab, eriga mungʻayib qaradi. Oftobada yuz-qoʻlini yuvib, oʻzini dadil tutishga chogʻlandi. Oʻrnidan turgan edi, boshi chirillab aylandi, lahzada koʻz oldi qorongʻulashib zardoli tanasiga suyanib qoldi. Chalqayramon boʻlib suzik koʻzini koʻkka tikib, haligi zormanda ta’sirida sarxush yotgan Toʻlqin tank endi oʻdagʻaylay boshladi:

– Xayrii, ho, Xay-ri-i-i... Enangdi seni... Xayriii... Ke buyoqqa!!!

Xotini daraxtga suyanib joyida tosh qotib turaverdi. Ayni shu alfozda nafaqat eri, balki butun erkak zotini koʻrarga koʻzi, otarga oʻqi yoʻq, boshqorongʻu Xayriniso eriga nafrat bilan qaradi: “Qirilib ado boʻlgur noshud er, meni itning oldiga tashlab, chalqayromon yotib karillashingga oʻlayinmi..?”.

Sabri chidamagan Toʻlqin tank oʻrnidan qoʻzgʻalib ayiq yurish qilib xotini tomon yoʻl soldi. Borib xotinining belidan quchdi. Toʻlqin tank xotinining keng-moʻl chit koʻylagi ichidagi qorni voyishdagi kadiday doʻppayib turganini payqadi. A’zoyi-badani boʻshashib ketdi. Boshida chaqin chaqqanday boʻldi, xotinini quchogʻidan boʻshatib turgan joyida qoʻllarini osmonga choʻzib yigʻlab yubordi-da, telbalarga xos qiyofada oʻchoqni aylanib yugura boshladi, soʻng tosh qotib turgan xotinining yoniga kelib, uni yana quchmoqchi, suyib-erkalamoqchi boʻldi. Xotini jon uhmida uning qoʻlini siltab tashladi, gʻayri-shuuriy tarzda erining koʻksidan itardi. Gʻazab va nafrat olovi vajohatli tus olgan koʻzlarini eriga tik qadadi. Bu oʻtkir, qoʻrqinchli nigohlarga erkak dosh berolmadi, uning ichidan nimadir uzilib ketganday boʻldi.

Xayriniso xuddi aqldan ozgan kabi boshini chayqab, erining yoqasiga chang soldi:

– Meni oʻldir! Meni oʻldiraqol! Menga it tegib boʻldi. Men xor boʻldim. Nega baqrayib turibsan. Gumonam sendan emas... Sen noshudsan!

Ayol uvvos tortib yigʻladi-da, oʻzini erining oyogʻi ostiga tashladi. Ikki dunyosi qorongʻu tortgan Toʻlqin tank karaxt ahvolda, boyagi xushhollikdan asar ham qolmay ichgan vinosi burnidan buloq boʻlib garangsirab turardi. Kayfi tarqab, hushi uchgan Toʻlqin tank boshiga kirgan ogʻriqdan ihrab yubordi. Ayolning xiyonat qilganini anglab, oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi. Yarador arslonday oʻkirdi. Yerda gʻujanak boʻlib yotgan xotinini yuzi aralash tepib yubordi-da, hovli eshigidan koʻchaga otilib chiqdi. Boshi oqqan tomonga yoʻl oldi. U koʻz yoshlarini tutib turolmas, boʻgʻzida qon-zardob oqib ixrar, bu dunyoda nimalar boʻlayotganini anglab-anglamay tepalik tomon yugurgilab borardi. Halloslab, harsillab borarkan nimalardir deb gʻuldirar, soʻkinardi.

* * *

...Saharmardonda tepalik adogʻidagi daladan oʻt oʻrgani chiqqan Bolta muallim Roʻzi maxsumning eshigi yonidagi qari tut shoxida osilib turgan qora narsaga koʻzi tushdi. Maxsum otining egar-jabdugʻini ilib qoʻyibdi, degan xayolga bordi-da oʻz ishiga andarmon boʻlaverdi. Muallim gʻumay va shamak aralash ajriq gʻaramini arqon bilan bogʻlab yelkasiga olayotib, yana tut tomonga koʻzi tushdi-yu, qalqib ketdi, oyoq-qoʻli boʻshashib, joyida oʻtirib qoldi. Gʻira-shiralik chekinib, tong yorishgani bois qari tut shoxida arqonga osilib turgan odam gavdasini koʻrdi. Tut yonida arqoni yechilgan sigir bu dunyoning dahshatiga molfahmlik bilan qarab kavsh qaytarardi.

Muallim Toʻlqin tankning tanasini arqondan xolos etayotib, uning oyoq-qoʻli allaqachon sovib boʻlganini payqadi. Tahorat olgani chiqqan Roʻzi maxsum hovlisi adogʻida Toʻlqin tankni yelkalab turgan muallimni koʻrib hushi uchdi. Beixtiyor qoʻlida oftoba tutib, tut tomon yugurdi. Toʻlqin tankning boʻynidagi arqon, tarashaday qotib, dokaday oqarib ketgan yuzi, xiyla ochiq ogʻzi, labi burchida sizib turgan qon yuqini koʻrib oʻtakasi yorildi. Qoʻlidan oftobasi tushib ketdi.

– Nega bunday qildiykin? Oʻzini osib qoʻyibdi, bechora, – dedi Bolta muallim murdani yerga yotqizib, soʻng qaltiroq qoʻllari bilan yuziga fotiha tortdi.

Toʻlqin tankni soʻnggi manzilga qoʻyib kelishgach, qishloq ahli orasida turli gaplar tarqaldi. Kimning ogʻziga elak bilan urasiz; el boʻlgandan keyin gapiradi-da, shamolni toʻxtatib boʻlmaydi-ku axir. Qishloqchilik Toʻlqin tankni urush boshiga yetdi, afgʻon urushi oʻldirdi, shoʻrlikning xayoli joyidamas edi, boshi zaharlangan, urushdan sogʻ qaytmagan ekan, vos-vos boʻlib qolgandi, deyishdi. Odamlar urushni qargʻadi, navqiron oʻgʻlonning ikki dunyosiga oʻt qoʻygan, oʻn sakkiz-yigirma yoshida musibat oloviga tashlagan shum taqdirdan koyinishdi. Urushda boʻlaricha boʻlib kelgan, neki illati boʻlsa oʻsha afgʻon urushida topgan deyishdi, chollar. Xotinlar labini qimtib gapirdi: Shoʻrlik Xayriniso, shuncha yil oʻtib endi boʻyida boʻlgan ekan, bu koʻrgilikni koʻring, endi roʻzgʻoriga fayz kiradi, deganda shoʻr peshonaning eri oʻzini osib qoʻyganini aytmaysizmi?” Xullas, Toʻlqin tankning oʻlimi bir oz vaqt elga ermak boʻldi.

Vaqt oʻtib, bu diydiyolar ham tindi. Goʻyoki Toʻlqin tankning shunday qismatga mahkum boʻlganini odamlar oldindan bilgani kabi bu holatga unchalik taajjublanarli hol deb qaralmadi. Birgina Xayrinisoga qiyin edi. U oʻz yogʻiga oʻzi qovrilar, kun oʻtib qorni kattarib, norasida oʻzini sezdirgani sayin koʻz oldi qorongʻulashar, azoyi-badanini qoʻrquv choʻlgʻardi. U tunlari oʻz taqdirini qargʻab yigʻlar, kechalari telbalangan kuyi kaftini duoga ochib, lablari pichirlab Roʻzi maxsumga oʻlim tilardi. Nazarida Roʻzi maxsum uni ertangi umididan, baxtidan, yaxshi kunidan, tugʻilajak farzandidan judo qiladiganday edi. Roʻzi maxsumni eslashi hamono yuragini vahm bosib, ichida qaltiroq tutardi.

Kuz oyoq uzatib, qish ostona hatladi. Xayrinisoning koʻzi yoridi. Qiz tugʻdi. Ikki oydan beri hovli-joyini tashlab qizinikiga kelib olib boshida parvona boʻlgan Muztar kampir qizini oʻz uyiga koʻchirib ketdi. “Bu jinxonada goʻdakni ajina chalib ketadi... Uyini ham goʻr yutsin...”, – deb marhum Toʻlqin tankning ortidan yana bir bor gʻazabini sochib, achchiq-bichiq gap aytib, koʻngli taskin topganday boʻldi.

* * *

Oradan yillar oʻtdi. Xayrinisoning suyanchi ham, ovunchi ham qizi Yodgoroy boʻldi. Boʻyi choʻzilib maktabga qatnay boshladi. Oʻtgan azobli kunlar, olis va zimiston xotiralar ichra Yodgoroy oyday porlab, quyoshday balqib Xayriniso hayotini tiniq va yorugʻ bir olamga olib chiqdi. Xayriniso yakka-yolgʻiz farzand boʻla turib onasi Muztar kampir qazo qilganida ham oʻzini tamoman yoʻqotib qoʻymadi, toʻgʻri, yuragidan nimadir uzilganday boʻldi, biroq yonida taqdirining quyoshi boʻlib porlagan Yodgoroy bor edi. Ochigʻi, Muztar kampirning vafotidan soʻng, Xayrinisoning koʻngli bir oz taskin va xotirjam boʻlganday boʻldi. Roʻzi maxsum bilan bogʻliq voqealar xususida hatto oʻz onasi bilan ham sirdosh boʻlishni sira-sira istamasdi. Onasi toʻshakka mixlanib, jon taslim qilgunga qadar bir jiddiy gʻamgin nigoh uni ta’qib etar, azoblab kelardi. Nazarida onasi kutilmaganda Roʻzi maxsumning ismini aytib koʻz nuri, umri mazmunidan judo qiladiganday edi. Onasining vafotidan soʻng yuragidagi qoʻrquv va xavotir tutuni yoyilganday boʻldi. Bu yorugʻ dunyoda endi unga birgina Roʻzi maxsum xalal berardi. Nazarida Vaxshivor togʻlarining allaqaysi gʻorlarida dahshatli bir shamol, maxsum timsolidagi boʻron bekinib yotibdi. Bir kun u qoʻzgʻolib Xayrinisoning hayotini ostin-ustun qilib, oʻzini esa taqdirning qorongʻu va zax puchmoqlariga chirpirak qilib uchiradi. Birgina oʻziga, maxsumga hamda Yaratganga ayon sir Xayrinisoga tinchlik bermasdi, Roʻzi maxsum tirik ekan, Xayriniso xavotirdan xoli yashay olmasdi. Shu bois qizi Yodgoroyni olib qishloqdan uzoq-uzoqlarga Roʻzi maxsumlar yashamaydigan joyga ketishni istardi. Biroq qayga borsin? Beva boshi bilan qayerga sigʻindi boʻlsin? Yetim norasidasi bilan kimning koʻnglidan joy topsin. Oʻz uyi, oʻlan-toʻshagini tashlab qayerlardan boshpana axtarsin? Tubsiz jarlik yangligʻ oʻy-xayollar domida qolgan ayol yakka-yu-yagona suyangan Yodgoroyining begʻubor nigohida porlagan nurdan umid chirogʻiga choʻgʻ olar, qizining nigohlarida yalt etgan shu’la uning besaranjom dunyosini yoritar, shu yorugʻlik uning hayotiga fayz baxshida etardi.

Xayriniso oʻzini oʻtga urdi, choʻqqa urdi – qizini oʻzgalarning farzandidan kam qilmadi, topganini qoʻshqoʻllab bolasiga tutdi. Qishloq maktabiga farrosh boʻlib ishga kirdi. Tunlari qiz uzatadigan yoki kelin tushiradigan xonadonlarning kashtasini tikdi, koʻrpa-yostigʻini qavidi, qoʻni-qoʻshnilarning tomorqasini oʻtab, kirini yuvishdan ham or qilmadi. Eshigini taqillatib koʻnglini soʻrab kelgan sovchilar koʻp boʻldi, boshi ochiq ayolning boshiga osmon qulaydi, deguvchilar koʻp boʻldi, ularga qarata Xayrinisoning javobi bitta boʻldi: “Bolamni oʻgay ota qoʻliga qaratmayman...”

Xayriniso Yodgoroy ikkinchi sinfga koʻchganda uni tuman markazidagi internatga berdi. Bir hisobda yaxshi boʻldi, issiq-sovugʻi internatning boʻynida. Yotogʻi bor. Eng muhimi Roʻzi maxsumning koʻzidan panada. Xayriniso qizini koʻrgani haftada bir borsa boradi, bormasa yoʻq.. Oldingi borganida muallimlari maqtagandi, boshi koʻkka yetib, bir hafta qushday uchib yurib, koʻngli chogʻ boʻldi. Qizining badiiy gimnastika toʻgaragida mashqlarni yaxshi bajarayotgani, sportga uquvi balandligini eshitib rosa quvondi. Oʻris muallimaning uzundan-uzun gapidan tushungani shu edi – xudo xohlasa, Yodgoroy zoʻr gimnastikachi boʻladi.

* * *

Qahratonning ayozli shomi. Sovuq. Havoga bolta otsang, muzlab qoladi. Egniga guppi chopon ilib, yuz-koʻzini jun roʻmol bilan tangʻib olgan Xayriniso qiya ochiq yogʻoch darvoza oldidagi aravadan koʻmir tushirayapti. Azbaroyi sovuqning zoʻridan jun roʻmoli berkitgan yuziga ayozning ignalari sanchiladi. Oyogʻidagi kirza etikning ogʻir va besoʻnaqayligi bois zoʻrgʻa qadam tashlaydi, muz qotgan yerdan takillagan ovoz chiqadi. Xayriniso koʻmir toʻla zil-zambil chelaklarni koʻtarib hovli oʻrtasiga kelgan edi hamki, yogʻoch eshikning gʻiyqillagan tovushi eshitildi. Nomozshomda kim keldiykin, degan oʻy bilan chelaklarni yerga qoʻyib, ortiga oʻgirildi. Turgan joyida tosh qotdi, azoyi badanida qaltiroq turib, boʻgʻinlari boʻshashib ketdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, Roʻzi maxsum darvozaga suyanib turibdi. Egniga qalin paxtalik kiyib, quloqchini quloqlarini tushirib olgan maxsum ayni damda Xayrinisoning koʻziga balo-qazo timsoli boʻlib koʻrindi. Ayol oʻzida jur’at topib, darvoza tomon yurdi. Maxsum taraddudlandi. Xayriniso yerga engashib doʻppayib turgan toshga yopishdi. Tosh joyidan koʻchmadi – muzlab, yerga qapishib qolgandi. Ayolning bu qiligʻi maxsumni sergaklantirdi. Yerdan qaddini rostlagan Xayrinisoga maxsum xezlanib qaradi:

– Nega kelding? – dedi ayol lablari qaltirab.

– Oʻzim... Holingdan xabar olay dedim.

– Yoʻqoooll! – Xayriniso qoʻlga tushguday biror narsa qidirib timirskilana boshladi.

– Qizingni gimnastikachilikka beribsan deb eshitdim. – Maxsumning ham ovozi qaltirab chiqdi.

– Sening nima ishing bor? – Ayol darvoza tomon yaqinlasha boshladi.

– Xar holda...

– Gapirma, iblis. Yoʻqol bu yerdan!

– Qoʻrqma, ketaman. Siringni olamga yoysam, nima qilasan?!

– Seni oʻldiraman, ablah. – Ayol turgan joyida gir aylanib, maxsumga hamla qilish payida u-bu narsa izlay boshladi.

– Yegani noni yoʻgʻu, itining otini marjon qoʻyibdi, degan maqolni eshitganmisan. Ana shu maqol sen haqingda. Gimnastikada nima bor, qisib oʻtirmaysanmi, koʻrpangga qarab oyoq uzatmaysanmi?

Maxsumning masxaromuz gapi jon-jonidan oʻtib ketgan ayol oʻzini tutib turolmadi. Jon holatda yugurib kelib maxsumning koʻkragidan itardi. Maxsum gandiraklab ketdi:

– Yoʻqol, iflos! Ikki koʻzing koʻr boʻladi sen iflosning! Ket bu yerdan.

Xayriniso aravadagi koʻmirning qirrador bir boʻlagini olib jon holatda maxsumning yuziga tushirdi. Maxsum qalqib ketdi, soʻng lahzada gursillab quladi. Ihrab yubordi, oʻtakasi yorilib emaklay boshladi, bir amallab oʻrnidan turdi-da, juftakni rostlab qoldi. Xayriniso eshik kesakisiga suyangan koʻyi uvvos tortib yigʻlab yubordi. Soʻng yuzini kunbotarga, qiblaga burib ikki qoʻlini duoga ochdi:

– Iloyo, ikki koʻzing koʻr boʻlsin! Koʻzing oqib tushmasa, rozimasman!

Ayol titroq kaftlari bilan yuziga fotiha tortdi.

Maxsumning ikkinchi ayoldan shu taxlitda qargʻish eshitishi edi.

* * *

...Mototsiklning gurillashi tinib, bolaning chin¬qiroq ovozi oʻchgunga qadar Roʻzi maxsum koʻzlarini qisib, tol novdasiga orqa berib oʻtirdi. Oqib oʻtayotgan soy suvining shaldirashi ham koʻngliga sokinlik baxsh etolmadi. Oʻtmishda boʻlib oʻtgan voqealar xotira azobiga aylanib koʻksining bir burchida qotib qolgan armon dardi yuragini battar siqa boshladi, qovogʻi ogʻirlashib, koʻz oldi qorongʻulashdi.

– Hamma Toʻlqin tanknikiga toʻyga a-a, toʻygaa-a-a. Toʻyga-a-aa-ayov!!

Bolaning olislardan eshitilayotgan chiyildoq ovozi yuragini tilka-pora qila boshladi. Maxsum tol tanasiga suyanib oʻrnidan turmoqchi, yumuq koʻzlarini och¬moqchi boʻldi, zil-zambil kipriklar ogʻirlik qildi, maxsum koʻzlarini ochdi, lekin borliq zimiston edi, u hech narsani koʻrmasdi. U yoʻlak boʻylab urina-surina dahlizgacha keldi. Nazarida tush koʻrayotganday, bir ozdan soʻng uygʻonib, yorugʻ olamni koʻradiganday edi. Ayvon derazasidagi radio hamyurtimiz Yodgoroy Toʻlqin qizining badiiy gimnastika boʻyicha jahon chempioni boʻlganligi haqidagi xushxabarni, ayni damda Toshkent aeroportida jahon chempionini tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtayotgani, ertaga sportimiz malikasi oʻz ota yurtiga yoʻl olishi haqidagi xabarni tarqatdi. Maxsumning badanidan sovuq ter chiqib ketdi. Bir siltanib zimistonlik chohiga, dahliz yoniga gupillab yiqildi. Uning xira–nursiz koʻzlarida alam va qoʻrquv qotib qolgandi. Iztirob koʻlankasi iz tashlagan jonsiz va qonsiz yuziga ochilib qolgan jagʻi ayanchli tus berardi. Adirlik tarafdan toʻyga chorlovchi bolaning ovozi elas-elas eshitilar, Vaxshivor togʻlari tomondan esgan epkinlar uning ovozini olis-olislarga olib ketardi.

...Toʻyxonada oʻyin-kulgi avjiga chiqqan pallada maxsumning qoʻshnisi Norboy qizil sovuq xabar olib keldi:

– Maxsum omonatini topshiribdi, birodarlar! Hovlisida yiqilib jon beribdi.

Toʻyxonani gʻam koʻlankasi kezib oʻtganday boʻldi.

– Toʻy bilan aza yonma-yon deb shuni aytadilar-da. – Amir oqsoqol yuziga fotiha tortdi.

Maxsumning ukasi Soyibqul ovozini baralla qoʻyib ogʻamlab yigʻlab, toʻyxonadan chiqib Roʻzi maxsumning uyiga qarab yugurgilab ketdi. Qishloq odamlari bir-biriga xesh-aqroba, qavmi qarindosh, chatishib ketgan. Bunday paytda marhumning izzati haqqi oʻyin-kulgi elga uncha xush kelmaydi. Odamlar toʻgʻri maxsumnikiga yoʻl olishdi. Toʻyxonadan chiqishgach, Amir oqsoqol qishloq ahliga amr etdi:

– Xaloyiq, Yodgoroy qizimizni shu xonadonning yaqinlari, qavmi qarindoshlari ertaga ertalab kutib olishadi. Asosiy toʻyni maxsumning yettisini oʻtkazib qilamiz. Toʻyga azani aralashtirmaganimiz ma’qul. Nima deysizlar?

– Toʻgʻri, oqsoqol! Gapingiz toʻgʻri! – ma’qullashdi hamqishloqlar. Odamlarning yuzida achinish, oʻlim koʻpchilikni birlashtirgan paytda paydo boʻladigan tundlik zohir edi. Bu dunyodan yolgʻizlik yukidan qaddi dol boʻlib ketgan soʻqqabosh maxsumning kemtik taqdiri har kimning xayolida oʻziga xos tarzda talqin etilayotgan boʻlsa ne ajab? Lekin unda achinish hissi bor edi, desak toʻgʻri boʻlar. Xullas, maxsumga, marhumga hamma achinayotgan edi. Bu xabarni eshitishi hamono birgina Xayrinisoning shodligi ichiga sigʻmadi, koʻngli ravshan tortib, yelkasidagi zil-zambil tosh gumburlab qulaganday boʻldi. Xonadonida toʻyga tayyorgarlik koʻrilayotgan mahalda oyoq ostidan lop etib azaning chiqib qolishi Xayriniso uchun toʻy ustiga toʻy boʻldi. Chunki ayol taqdirini chilparchin qilib tashlashi mumkin boʻlgan kulfat shamolining yoʻli toʻsilgan edi. U hayotida ilk bor qazoi barhaqdan mamnun boʻldi.

Maxsumning jasadini namozgardan oldin tuproq¬qa qoʻydilar.

Ertasiga Moʻmin qishloqda toʻy boʻlmasa ham tan¬tana davom etdi. Peshin payti yap-yangi, qop-qo¬ra mahobatli mashinalar qatori Xayrinisoning koʻrimsiz kulbasi yonida toʻxtadi. Ahli Moʻmin bu dovu-doskaga esankirab peshvoz chiqdi. Viloyatning ulkan rahbarlari kuzatuvida kelgan Yodgoroy oldingi mashinaning orqa eshigidan tushdi-da, shashqator koʻz yoshlari yuzini yuvib, es-hushi kirdi-chiqdi boʻlib turgan Xayrinisoning quchogʻiga otildi. Jikkakkina, navnihol, ozgʻin, qorachadan kelgan kulcha yuz, istarasi issiq qizning dovrugʻi dunyoga doston boʻlganiga ishonib-ishonmay qarab turgan hamqishloqlarning ham koʻzlarida yosh gʻiltilladi. Kattalar oldida parvona boʻlib qoʻl qovushtirib turgan tuman gazetasining uchar muxbiri Toʻra Qora yon choʻntagidan daftarcha olib nimalarnidir yoza boshladi:

– Rahmatli Toʻlqin tankning quyoshi endi porladi. Afsus bu quyoshni u koʻrolmay ketdi, – dedi muxbir boshini sarak-sarak qilib chiyilloq ohangda. Tuman hokimining oʻrinbosari Sa’dullo Choriyevich muxbirga yeb qoʻyguday boʻlib qaradi, soʻng ijirgʻanib nimadir deb gʻudranib qoʻydi.

Qishloq qishloq boʻlgandan beri bunaqa tantanani koʻrmagan edi. Xayrinisoning hovlisida miting boʻldi. Viloyatdan kelgan kattalardan tortib qishloq oqsoqoligacha Yodgoroyning sha’niga yaxshi-yorugʻ gaplar aytdi. Xayriniso ham quruq qolmadi. Matonat deyishdi, ona deyishdi, jasorat deyishdi, lekin nima desalar-da Xayrinisoga nisbatan chin, haq gaplarni aytishdi. Viloyat markazidan kelgan rahbar gapirayotganda tuman hokimi oʻrinbosari oʻrta qatordagi mashina salonidan ikkita oppoq guldasta olib keldi. Rahbar soʻzini tugatib guldastaning birini Yodgoroyga, birini Xayrinisoga tutdi. Xayrinisoning koʻzi tinib ketdi, guldastaning muattar hididan koʻngli sarxush boʻldi.

Rasmiy tadbir yarim soatlar chamasi davom etdi. Soʻng salobatli mashinalar qatori qishloqqa qay tarzda vahima solib kirib kelgan boʻlsa, yana oʻsha alfozda qaytib ketdi. Odamlarning bilgani shu boʻldi! Yodgoroy dunyoda yagona. U mamlakatning faxri! Xayriniso bevaning qizi, rahmatli Toʻlqin tankdan qolgan Yodgoroy bugun dunyoga dovrugʻ solib turibdi.

Oqshomga borib keldi-ketdi kamaydi. Hovlida qoʻni-qoʻshni, uzoq-yaqin qarindoshlar qoldi. Supada Xayrinisoning koʻksiga bosh qoʻygan koʻyi xuddi bolaligidagi kabi erkalanib oʻtirgan Yodgoroy oʻyga choʻmgan alfozda soʻz qotdi:

– Ena, charchamadingizmi?

– Bu nima deganing, bolam. Men endi charchamayman, men endi yashayman, bolam, – Xayriniso koʻz yoshlarini tiyolmadi.

– Boʻldi qil-ey, Xayri. Koʻzingning shoʻrvasi ham hamisha tayyor turarkan-da-a? – qoʻshni Shodmon xola shaddodlik bilan Xayrinisoning sonidan chimchilab oʻyib oldi. Xola yana chimchilaymi deb qoʻl choʻzgan edi, Xayriniso orqaga surilib oʻzini olib qochdi. Supada bir qur xotin-xalajning kulgusi yangradi. Yodgoroy peshayvon yoniga borib, onasini imlab chaqirgan boʻldi.

– Enajon, xoʻp desangiz otajonimdan xabar olib kelsam. Niyat qilgan edim, ena. Otajonimning qabriga gul qoʻyib kelaman, ena.

Yodgoroyning ovozi qaltirab chiqdi.

Quyosh ufqqa oqqan. Koʻkdagi parcha bulutlar qirmiz tusda. Falakdan qizgʻish nurlar toʻkilayotganday. Koʻkdagi bulutlar parcha-parcha boʻlib olovga aylanib shovullab oqayotgan daryoga qulab tushganga oʻxshaydi, daryo tubida ham olov oqmoqda. Bir burchiga togʻ choʻqqisi sanchilib, osmon qontalash boʻlgan ana shunday sehrli pallada Yodgoroy onasi ortidan ergashib, osma koʻprikdan oʻtib, qabriston ostonasini xatladi. Olam olovtus sukunatga choʻmgan. Xayriniso mozorot ichidan oʻtgan soʻqmoq boʻylab erining qabri tomon yoʻl oldi. Ona-bola qabriston ichkarisiga kirishgach, roʻparada tuprogʻi hali sovub ulgurmagan qabr sahnini loysuvoq qilayotgan Soyibqulga roʻbaroʻ kelishdi. Xayriniso titrab ketdi, ortga tislandi.

– Ena, sizga nima boʻldi, yurmaysizmi? – dedi Yodgoroy onasining ortidan turtkilagan boʻlib.

Soyibqul qabr oldida aftodahol qiyofada garangsib turgan Xayriniso hamda uning ortida bir quchoq oq gul koʻtarib turgan ozgʻin, qoramagʻiz Yodgoroyga hayratlanib qaradi. “Toʻlqin tankning qabrini izlashayapti, topisholmayapti shekilli”, degan oʻyga bordi.

– Ena, bu kimning qabri? Nega toʻxtab qoldingiz?

Xayriniso jim... Xayriniso qabr ichidan dahshatli ovozni eshitganday bir sapchib tushdi.

– Bu maxsum bobongning, Roʻzi maxsumning qabri ena qizim. Roʻzi maxsumni tanirmiding, qizim? – Hech narsadan bexabar Soyibqul Xayrinisoni dahshatga solgan, yuragiga sanchilgan savollardan xolos etdi. Ayol oʻzini biroz yengil his qildi.

Yodgoroy quchogʻini toʻldirib turgan oq gullarning bir qismini Roʻzi maxsumning sovimagan qabriga qoʻydi. Xayrinisoning yuragi uvushib ketdi. Uchovlon qabr yoniga choʻk tushishdi. Soyibqul tilovat qildi. Fotihaga qoʻl ochishdi. Xayrinisoning qoʻllari zil-zambil edi. Xayriniso qoʻllarini koʻta¬rolmas, qoʻllari bilan yuziga fotiha tortishga majoli yetmas edi. Nigohini yumib tilovat qilgan Soyibqul buni sezmadi. Bir nuqtaga tikilib turgan Yodgoroy bu holni payqamadi.

– Qizim, otangning qabri anavi jiyda oʻsgan joyda. Ana, panjara bilan oʻralgan qabr yonida... Oʻng tomondan aylanib oʻtganlaring ma’qul.

Ona-bola oʻt-oʻlan qoplagan qabr yonida choʻkdilar. Qiz qoʻlidagi oppoq gullarni qabr ustiga yoyib chiqdi. Yelkalari titrab piqillab yigʻlay boshladi. Yodgoroy oʻzicha nimalardir deb pichirlardi, nimalardir deb koʻnglini boʻshatardi. Soʻng ozgʻin qoʻllarini yoyib, qabrni quchoqlab, uvvos solib yigʻlab yubordi. Xayriniso qizining yuziga tik qarashga botinmasdi, nazarida lovullab yonayotgan qirmizi shafaqning ha¬ro¬rati siymosini jazillatib kuydirayotganday edi. U olov tafti urgan yuzlarini Vaxshivor togʻlari tomonga burdi. Togʻ daralarida qudratli, dahshatli shamol berkinib, payt poylab yotganga oʻxshardi.