OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifQoʻchqor Norqobil
Asar nomiQishdagi lola (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Qoʻchqor Norqobil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm30KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qishdagi lola (hikoya)
Qoʻchqor Norqobil

Derazaning bir qanotini ochib, toʻrtinchi qavatdan tashqariga qaradim. Uh, sovuq. Qahratonning qahri yumshamagan. Kechasi qatronday qotgan yoʻlak va keng koʻcha, dov-daraxtlar — butun borliq ayozga taslim boʻlgan. Qor desam qorga oʻxshamaydi, nimadir chirsillab yogʻyapti. Deraza oynalariga chirsillab urilyapti. Toshyomgʻir sim-simlab, shigʻalab, yoqimli yogʻyapti. Ha, bu — toshyomgʻir. Qor va yomgʻir orasidagi qahru azob bu.

Shamsiya tutmaganimni hisobga olmaganda, risoladagidek koʻchaga chiqdim. Yomgirli kunlar shamsiya koʻtarib yurmayman, negadir yuragim siqiladi, havo yetishmaydimi-ey, atrofim zimiston tortaveradimi-ey, ishqilib, mening shu paytgacha yogʻingarchilikda shamsiyadan panoh topib yurganimni birov koʻrmagan. Hatto uyimiz yonidagi bozorchada salat sotayotgan koreys xotin ham shunday namgarchilikda shamsiyasiz chiqqanim uchun boshimdagi kimmatbaho tovlanma telpagimga achinib qarab qoʻydi. Egnimdagi qalin, charm pidjakdan esa yomgʻir tugul, boshqa narsa yogʻsa ham sezilmas edi.

Ishga bugun ham kech bordim.
— Qaerlarda yuribsiz? Doim kechikasiz-a? — kotibaning odatiy savoli shu boʻldi.
— Tinchlikmi? Kallai saharlab kimga kerak boʻldim? Katta soʻrayaptimi, yo?
— Kanaqasiga kallai sahar boʻlsin? Soat oʻndan oshdi. Katta emas, sizni bir oʻris ayol pastda kutib turibdi. Shoʻrlik bir soatdan beri telefon qiladi. Yuring, ichki telefonni oling. Nega qarab turibsiz?

Picha taraddudlanib qoldim. Kotibaning qat’iyatli iddaosi ta’sirida qabulxonaga yugurdim.
— Eshitaman, — dedim odatiy ohangda.
— Allo, bu senmisan, Tolik — dedi ayol loʻnda qilib.
— Ha, menman... Siz oʻzingiz kimsiz? — taajjublandim.
— Menman. Pastga tush. Tusha olasanmi?

Ayolning sensirashi, oʻziga yaqin olishi ensamni qotirdi. Shu bilan birga ovozidagi sokinlik, allanechuk titroq koʻnglimda oniy lahzada iliqlik uygʻotdi.
— Kechirasiz, men Sizni...

Gapim ogʻzimda qoldi:
— Xudoyim-ey, men Moskvadan keldim... Mana, nihoyat, seni topdim. Irinaman!

Ayol goʻshakni qoʻyib qoʻydi.

Esankiradim. Moskvada mening Irina degan tanishim yoʻq edi. Oʻylab qarasam, umuman, hech kimim yoʻq ekan Moskvada. Qarshimda kotiba ma’noli jilmayib turibdi. Hardamxayol boʻlib pastga tushdim. Foye xiyla sovuk edi. Egnimga pidjagamni ilish ham yodimdan koʻtarilibdi. Tanish-bilish hamkasblar bilan yoʻl-yoʻlakay soʻrashib, oynavand eshik tomon yurdim. Mirshab roʻparasidagi ayolga koʻzim tushdi. Egnidagi moʻynayoqali paltosining bari yerga tegay-tegay deb turibdi. Boshiga qimmatbaho oq sur telpak kiyib, boʻyniga yashil sharf tashlab olgan. Mirshab ayolga allanimalar deb, men tomonga qoʻl choʻzib, imladi. Lahzada baland boʻyli ayolning oʻziga yarashiqli ust-boshi, qaddi-bastini nazardan oʻtkazdim. U menga ilkis qaradi. Koʻnglimda gʻashlik aralash qiziqish uygʻondi. Oynavand eshikka yaqinlashdim. U menga kimnidir eslatardi.

Koʻzlari katta-katta. Tim qora. Yoniq. Porlab turibdi. Chehrasi tip-tiniq. Qora, qalin qoshlari yoyday egilgan. Qirraburni yuziga mos, qalin lablariga xiyol tabassum ingan. Oq sur telpagi ostidan chiqib turgan bir tutam sochi silliq manglayini toʻsgan, shundan boʻlsa kerak, koʻzlari yanada charaqlab boqayotganga oʻxshaydi. Chehrasiga nurli tabassum yoyilgan bu ayolni kavkazliklarning goʻzal vakilasiga oʻxshatish mumkin edi. Ayolga mahliyo boʻlib qarab turaverdim. Sukutni uning hayajonli ovozi buzdi:
— Salom, meni tanidingmi?

U oʻzini nechogʻlik quvnoq tugashga urinmasin, yuzidagi ifoda kisqa soniyada oʻzgarib, lablari pirpirab uchganini his etdim. Yonib turgan qora koʻzlaridagi sir-asror meni oʻz komiga tortib ketayotgandi. Soxta tabassum bilan oʻzimni beparvoroq tutishga urinib, yelka uchirdim. Bosh silkib, «yoʻq tanimadim» ishorasini qildim.
— Ana shunaqa!.. Men esa seni unutmadim. — Ayol oʻta vazmin, ozgina gina-kudurat ohangida soʻz qotdi. Ammo, yuzidagi tabassum soʻlish olgani yoʻq. - Ha, mayli, eslab koʻr... 1987 yil. Yoz. Fayzobod. Irina Mixaylovna. Endi yodingga tushgandir?..

Miyamga chaqmoq urganday boʻldi. Chayqalib ketdim. Ichimda nimadir uzildi, goʻyo. Beixtiyor ihrab yubordim. Tizzalarim qaltirab, madorsizlandim. Qarshimdagi suluv xilqat, oʻsha — bundan oʻn olti yil avvalgi Irina Mixaylovna ekanligini hanuz tasavvurimga sigʻdirolmay gangib turardim. Tuyqus, oniy bir kudrat koʻmagida tasavvurimda oʻn olti yil avvalgi Irina gavdalandi. Ha, bu oʻsha. Tim qora koʻzlarida sehrli bir ma’no. Chehrasining charogʻonligi, oʻarashlari, kulgilari oʻsha-oʻsha. Biroz toʻlishibdi, chiroyi yanada ochilibdi. Koʻrinishi anchagina salobatli. Ustidagi qimmatbaho kiyim-boshlar yanada jozibali koʻrsatib turibdi.

Oʻzimni yoʻqotib qoʻyayozdim. Qoʻllarini mahkam siqib, yuzimga yaqin olib keldim. Atrofdagilar, yon-verimdagilarni ham unutib qoʻydim... Dagʻ-dagʻ titragan koʻyi dedim:
— Qanday topding? Bu senmi axir?.. Oh, xudoyimi-ey! Hozir, Irina... Hozir... Shoshma, oʻylab olay... Ha-ya, sen! Shu yerda turatur. Men kiyinib tushaman... Kir, ichkariga kir, ana, burchakdagi oʻrindiqqa oʻtir. Men hozir... Yarim daqiqada qaytaman.

Esim kirdi-chiqdi boʻlib, liftni ham kutmay, zina uzra yuqoriga yugurdim. Shosha-pisha pidjagimni kiyib, seyfdaga bor pulimni choʻntagimga urdim. Yoʻlakka chiqishim bilan kotibaga yoʻliqdim:
— Kim soʻrasa ham ayting, men yoʻqman... Bugun men yoʻqman...
— Tuu-shuun-aarli! — dedi kotiba kinoya aralash.

Men unga e’tibor bermay, oyogʻimni koʻlimga olib foyega qarab chopdim. Nazarimda, u ketib qoladiganday, umuman, bu anglashilmovchilik, u meni izlab kelmaganday edi, goʻyo. Yoʻq, ana u meni kutib turibdi.
— Ketdik, Irina. Tashqariga chiqamiz, — qoʻlidan tutib tashqariga boshladim. Yuragim dukillab urar, haligacha oʻzimni qoʻlga ola bilmagan edim. Yomgʻir qorga aylangan. Sovuqning zahri bir oz pasaygan. Biroq, shamol aralash urayotgan qor koʻz ochirmasdi.

Ishxona roʻparasidaga katta yoʻlda taksi toʻxtatdim. Biz orqa oʻrindiqqa oʻtirdik. Shofyorga «Qayoqqa boʻlsa ham haydang. Shu yerdan tezroq ketaylik!...» dedim. U angrayib qaradi-da mashinani yurgizdi.
— Xoʻsh, xoʻsh. Eng yaxshi restoranga haydang.

Shahardagi eng nufuzli restoranlarning biri... Zalda deyarli hech kim yoʻq. Xilvatroq boʻlsin deya burchakdan joy tanladim. Shohona zal shiftining bor-boʻyiga koʻzgu tirkalgan. Unga osilgan aylanma billur qandillardan taralgan yogʻdular, stol-stullarda taxlangan kumush likopchalar, qoshiq-sanchqi, pichoqlarga tegib sargʻimtir, oqish tusda jilolanadi. Devorlariga qoplangan qimmatbaho koʻkimtir matoh, yumshok, charm kreslolar, italyancha stol-stullar, stollar ustiga terilgan sof, billur qadahlar restoranning bir qadar zamonaviy va oʻziga xosligini bildiradi. Tabiiyki, kishining kayfiyatiga ham viqor va shukuh, ajib koʻtarinkilik baxshida etadi.

Qoʻllarim qaltirayapti. Qorday oppoq shoyi va silliq yaltiroq mato tortilgan stolning bir chetini cherta boshladim. Irina samimiygina, koʻzi chaqnab-charaqlab kulimsiraydi, xolos. Telpagi, sharfi, sargʻish charm paltosini yechganidan soʻng yanayam goʻzal boʻlib ketdi. Tim qora sochlari egnida lovullab turibdi. Boʻynidagi tilla marjon, yashil koftasining ikki koʻksida oʻrnatilgan qip-kizil atirgullarning qoq oʻrtasi, gulkosasiga joylashtirilgan yam-yashil yoqutkoʻzlar qandillarning oʻtkir nurida yaraklab nur sochadi. Irinaning qarshisida oʻzimni kichrayib borayotganday sezaman. Yonimizga kelib qaqqayib turgan navniholgina qiz, restoran xizmatchisi menga savolomuz qarab turibdi. Stol chetidagi qora hoshiyali jildni ochib taomlar turiga koʻz tashladim-da, soʻngra taomnomani Irinaga uzatdim.

Dasturxonga bir zumda fayz kirdi, taomlar, ichkiliklar tortildi. Qadahlarga toʻlatib quydim. Sogʻlik-omonlik tilagi bajo aylangach, bir koʻtarishda toʻlib-toshib turgan «Toshkent» arogʻini sipqordim. Irina lab tekkizib, vinoni bir hoʻpladi. Boshim qiziganday boʻldi, biroq hanuz oʻzimga kelolmay turardim, hayajon harorati biroz pasayganday edi. Taomlar gazakbop, oʻtkir, ishtahani ochadi. Ikkinchi qadahni toʻlatib, Irinadan «baxtli tasodif» sharafiga koʻtarishimizni iltimos qidtsim. Uning chiroyi yanayam ochilib ketdi. Yuragimdagi vahimaga oʻxshash tugunlar yechila boshladi. Koʻzlariga tik qarab turaverdim. Jur’atim oshganday boʻldi.
— Shunday qilib yozuvchiman, de, — u samimiyat bilan soʻradi.
— Ha, shu... Boshqa narsa qoʻldan kelmaydi, — tilimga kelgani shu boʻldi. U kulib yubordi.
— Yaxshi odam boʻlishingni, aniqrogʻi, yaxshi bola ekanligingni oʻshandayoq sezganman. Ha-ya, sen mendan uch yosh kichkinasan-a?...
— Toʻgʻrisi, gʻalati boʻlib ketayapman. Irina, meni qanday qilib topding?
— Nimaydi? Moskvada yashayotgan ayol qanday qilib, kutilmaganda bu yerda paydo boʻlib qoldi demoqchimisan?
— Ha, balkim. Ey yoʻq, nima desam ekan, — kalovlandim.
— Menda adresing bor. Unib-oʻsgan joyingga qoʻngʻiroq qildim. Toshkentda deyishdi. Nima, Moskvadan qoʻngʻiroq qilish qiyin ekanmi?
— Sen yashash joyimni... Haligi. Ey toʻxta, uf. Nima desam ekan?
— Topdim. Ha, shunday. Buni keyin bilib olasan. Men senga uchramay, topmasdan qiynalib yashashga qurbim yetmasligani sezdim. Tushunyapsanmi? Men hech qachon taqdirning oldida, sening oldingda, oʻz vijdonim oldida qarzdor boʻlib yashashga dosh berolmas ekanman.
— Bu nima deganing, axir?
— Keyin bilib olasan... Ol, ye... Ovqating sovib qoldi, janob yozuvchi, - u kuldi-da, qoʻlidagi yarimlangan qadahni havolatdi. Men «nima boʻlsa boʻldi», deganday qilib oʻz qadahimni yana liq toʻldirgancha, dast koʻtarib ichib yubordim. Chunki ayni holatda oʻzimni tush va hush oraligida qolganday sezayotgandim.
— Mayli, sen aytganday boʻla qolsin... Lekin, Toshkentga qachon kelding?
— Kecha. Mehmonxonaga joylashdim. Sening ishxonangga yaqin ekan. «Interkontinental». Yaxshi joy. Endi, sen oʻzing haqingda gapir. Menga shunisi qiziq. Sen oʻzing, hayoting, yashash tarzing toʻgʻrisida soʻzlasang-chi... Xudoga shukr, sogʻ-omon ekansan. Koʻz tegmasin. Ancha kuch-quvvatga toʻlibsan, ochigʻi, unchalik ham oʻzgarmagansan. Yaxshi-ya, bari bir hayot, yashash yaxshi-ya? Darvoqe, oilang, farzandlaring bordir?
— Bor... Irina. Bor. Toʻxta. Sen, nima desam ekan, oʻzing qanday yashayapsan? Moskvada nima ish qilyapsan?
— Asosan savdo. Erim Frantsiya bilan hamkorlikda tuzilgan qoʻshma korxonaning bosh direktori. Oʻzimning firmam bor. Yevropa davlatlari bilan savdo-sotiq qilaman. Hozircha ishlar chakkimas. Ikki nafar farzandim bor. Ochigʻi, sen bilan bir yildan buyon uchrashmoqchi boʻlgandim. Ish. Ish... Fursat topolmadim. Oxiri koʻzimni chirt yumib, Toshkentga uchdim. Vaqti soati kelgan ekan, mana qarshingda turibman. Toʻgʻri, qoʻngʻiroq qilsam ham boʻlardi. Biroq, oʻzim kelishim kerak edi. Ha, shunday...

Ichimlik menga ta’sir qila boshlagandi. Men uning qoʻllarini ushladim. Nigohiga termulib, yosh qalqiganini payqadim. Ichimda bir ogʻriq koʻtarildi. Oʻpkam toʻlib, dimogʻim achishdi. Koʻzlarimdan yosh sizdi. Yoniga oʻtib, sochlarini siladim. Yuzini oʻzimga qaratdim. U oppoq uzun-uzun barmoqlari bilan yuzimni siypalay boshladi. Es-hushimni yoʻqotib qoʻydim. Biz haroratli ehtiros izmiga oʻzimizni topshirdik. Taqdirning marhamati bilan olis yillardan soʻng yuz bergan uchrashuvda ana shunday hodisa roʻy berishi tabiiy edi, albatta.

Koʻz odtsimni tuman qopladi. U mening boʻynimdan, quloqlarimdan qattiq chimchiladi.
— Boʻldi, boʻldi... Joyingga oʻtir... iltimos... Qoʻy. Oʻzingni qoʻlga ol. Eh, sen mening... Oʻtmishimning yorqin va mungli xotirasisan — u birdan kulgiga oldi. — Ha, darvoqe, yozuvchilar shunaqa gapirishadi-ya?

Men oʻz oʻrnimdan joy oldim. Irinaning yuzlarida horgʻinlikmi, oʻychanlik ifodasimi qalkib turardi. U nigohini bir nuqtaga tikdi. Jimjit. Ogʻir ux tortdi. Yelkasidan nafas oldi.

Bilmadim, tilimga shu soʻz qayoqdanam keldi:
— Baxtlimisan? — deb yubordim.

U bosh silkidi. Toʻzgʻigan sochlarini tekislab tirsagini stolga qoʻydi-da, koʻli bilan peshonasini ushladi. Yum-yum yigʻlayapti.
— Yoʻq, — dedi yana bosh chayqab, — yoʻq... Umuman olganda, kim bilsin, hayotni koʻrib turishing, tiriklikning oʻzi bir baxtdir, shundaymasmi? Toʻqlik, farovonlik, boylik, yaxshi yashash baxt boʻlsa, agar shunday deb tushunilsa, men baxtliman. Lekin, insonni doimo azoblab turguvchi boshqa narsalar ham koʻp hayotda. Kimdir kambagal, bazoʻr kunini koʻradi. Lekin, qalbi xotirjam. Xotira ogʻrigʻi yoʻq unda. U nazarimda, mendan koʻra baxtliroqdir. U esa oʻz oʻyicha meni qaygʻu-hasrati yoʻq, baxtiyor ayol deb oʻylaydi.
— Chiroylisan. Sen judayam goʻzalsan, — dedim gapni boshqa yoqqa burib. U yana jilmaydi.
— Hmm. Shunday de. Yoʻq, sening kayfing oshmagan. Ataylab chalgʻitayapsan. Mayli, diydiyoni toʻxtatamiz. Qoʻy shuni, yaxshi gaplardan suhbatlashaylik. Soʻra, yana qanday savoling bor?

Men bu uchrashuv bundan keyin qanday davom etishini tasavvurimga ham sigdirolmayotgandim. Xoʻp, kechgacha birga oʻtirishimiz mumkin. Keyin-chi? Umuman, yuragimda ogʻriqli tuygʻularni alanga oldirgan, hayotimning ogʻir, qaygʻuli chogʻlarida men bilan birga, yoʻldosh boʻlgan ayolga, taqdirim yoʻlida uchragan eng qadrdon insonga ayni dam nima deyishimni bilmasdim. Ba’zida nimadir demoqchi boʻlasanu, suhbatdoshing, ayniqsa, u koʻnglingga yaqin boʻlsa, hech narsa deyolmaysan, u esa nima demoqchi ekanligingni bir qarashdayoq bilib oladi. Ortiqcha gap-soʻzlarga hojat qolmaydi. Irina ikkimizning oramizda ham boʻlak gaplarga oʻrin qolmagandi. Biz, dunyoning ikki burchagida yashayotgan ikki xotirdosh, oradan oʻn olti yil oʻtib yana topishgan edik. Indamasdan, shunday — bir-birimizga qarab ham soʻzsiz suhbatlashishimiz mumkin edi.

Irina jimlikni buzdi:
— Tohir, nimadir degin... Mayli ichaylik, hech boʻlmasa, qadah soʻzi ayt...
— Kel, hayot uchun ichaylik. Tiriklik uchun ichaylik.
— Men uchun-chi?
— Sen uchun. Sening goʻzalliging uchun, Irina!
— Sen uchun ham. Mana, kara men ham ichayapman, Tohir.
— Oh, ana, oʻzbekcha musiqa yangradi... Senga yoqmayaptimi? Bemalol, hech narsani oʻylama... Bugun senga butun Toshkentni tomosha qildiraman.

U yayrab kuldi. Chehrasi yashnab ketdi.
— Shoshma. Men senga bir gap aytaman...
— Ayt.
— Soating necha boʻldi?
— Birga yaqinlashdi.
— O, demak... Meni mehmonxonagacha kuzatib qoʻy. Ikkida erim, Volodya koʻngʻiroq qiladi. U Toshkentga ataylab, seni izlab kelganimni biladi. Hammasidan xabardor. Sen bilan uchrashishimni unga aytganman.

Men nima deyishimni bilmay qoldim. Irinaning jiddiy tus olgan chehrasida samimiyat balqib turibdi.
— Nega endi soat ikkigacha?
— Mana, sen bilan yuz koʻrishdik. Suhbatlashdik... Yo sen bundan xafamisan?
— Yoʻq. Axir, sen, bemalol oʻtirolmayapsan...
— Vaqt sen bilan menga boʻysunmaydi... Nima qilay, ish. Ishbilarmon ayolman, aytishadi-ku, «yangi rus»larning ishbilarmon vakilasi, — u endi ataylab chehrasiga jiddiy tus berib, qovogʻini uyganday boʻldi. Keyin yana uh tortib, ovozi yumshadi. — Ha, mayli. Men senga bir gap aytaymi?
— Ayt, aytaver.
— Ishxonangda mening yonimga kelayotganingda yurishingga e’tibor berdim. Keyin, zinadan yugurib chiqayotganingni koʻrib juda quvonib ketdim. Ishonasanmi, sen qaytib tushguningcha yigʻlab ham oldim.
— Shuyam sening esingdami? — dedim. Tomogʻimga nimadir tiqildi.
— Eh. Sen bilmaysan. Balki, ishonmassan. Oʻsha joyni eslasam, eng avvalo yodimga sen tushasan. Afsuski, eslamaslikning iloji yoʻq.

Yana uf tortdi. Qoʻllarimni siqib, koʻzlarimga tik qaradi. Qarogʻlaridan yosh dumaladi, gʻalati boʻlib ketdim. Shu topda Irinaning oʻy-xayolida qotgan la’nati oʻtmishni sugʻurib tashlagim kelar, lekin buning hech iloji yoʻq edi. Men oʻrnimdan turib, uning yoniga oʻtdim. Qoʻlini yana kaftim orasiga olib, manglayidan oʻpdim. Yuragim ming azobda qovrilayotgandi. Yalindim.
— Qoʻy, Irina. Hozir mavridi emas. Qoʻy, shuni eslama, umuman eslama, qara, axir sen chiroylisan, boshqa narsadan gapir, Irina. Voh, Xudoyim-ey, la’nat boʻlsin bunday hayotga. Kel, axir sen mening mehmonimsan, olisdan kelding. Yigʻlama, yigʻlamagin.

Irina mungli qiyofada qotib turdi-da, tirsagimdan koʻtardi. Oʻrnimdan turdim. Tik turib boshini quchdim. Irina qoʻli bilan soʻl oyogʻimni ushlab, shimim pochasini koʻtara boshladi.
— Tohir, xoʻp desang oyogʻinnai koʻrsam. Tizzangning pasti, soʻl oyogʻing edi-a?
— Ha, soʻl oyogʻim...
— Mana.. oh bechoraginam. Mana... chandiq, chuqurcha boʻlib qolibdi-da? Qoʻlim bilan ushlab ham sezayapman, ancha jabr koʻrgansan... Hozir ogʻrimaydimi?
— Yoʻq. Sovuqda oz-moz bilinadi.
— Unday boʻlsa, nega shimning ichidan qalin ishton kiymading...
— Xoʻp, kiyaman. Oʻylama. Yaxshi boʻladi. Ha, sen oʻzing nima bilan savdo-sotiq qilishingni aytmading-ku, — men uni chalgʻitmoqchi boʻldim.

Irina qat’iyatli bir holatda aytmoqqa urindi, lekin eplay olmadi.
— Buni senga mutlaqo qizigʻi yoʻq-ku! Toʻgʻrimi? Ha, mayli Moskvadagi asosiy supermarketlarning deyarli barchasi, qarshingda turgan aqlsiz ayolniki. Shu aqlsiz ayolning eri Vladimir Pavlovich Semyonov esa poytaxtning mashhur sanoatchilaridan. Yana nima deyin?
— Yaxshi. Mana bilib oldim.
— Azbaroyi shunchaki soʻrading. Qani endi, muhtaram yoqimtoy mezbon, meni mehmonxonaga kuzatasanmi?

Tashqari oppoq. Qor maydalab yogʻar, yer sathidagi qorlarni shamol toʻzgʻitib oʻynardi.
— Rossiyaning sovugʻiga oʻxshayaptimi? — dedim zinapoyadan Irinani yetaklab tushayotib, — koʻz ochirmayapti-ku!
— Yoʻq, unchalikmas. Rossiyaning kishi bilan hazillasha koʻrma, — dedi Irina kulgiga olib.

Taksi ushlab, mehmonxonaga yoʻl oldik. Irina orqa oynaga bosh tirab tashqarini kuzatib borayapti. Shamol daraxtlarning yalangʻoch novdalariga oʻrnashib, muzlay boshlagan qorni ming bora silkisin, bari bir uchirib, toʻzgʻitolmaydi. Mashina derazalariga izillab izgʻirin uriladi. Qor quyun boʻlib yogʻayapti. Qahraton hamlasida oʻz hayotini davom etkazayotgan shaharning qoq markazi «Amir Temur» xiyobonidagi kurant soat mili oʻn besh minut kam ikkini koʻrsatardi. Irina restorandan chiqqanimizdan beri koʻzini tashqaridan olgani yoʻq, miq etmaydi, boshini oynaga tirab olgan, qayrilib ham qaramaydi. Men yelkasidan qoʻlimni oʻtkazib, uni oʻzimga tortdim. U keskin burilib, menga tikildi. Koʻzlaridan yosh shashqator oqayapti. Yuzi jiqqa xoʻl. Yutinadi, qaltiraydi. U oʻzini bagʻrimga tashlab oʻkirib yigʻlab yubordi. Haydovchi alanglab bizga qarab, shartta tormoz berdi. Haydovchi rus edi.
— Nima boʻldi? Oʻzini yomon his etayaptimi?
— Yuring, ana yetib keldik.. Hammasi, yaxshi, — dedim.
— Ha, men oʻzimni hamisha yomon his etganman, hamisha shunday boʻlgan, — dedi Irina hiqillab, yelkalari silkinib.

Mashina mehmonxona toʻgʻrisida toʻxtadi. Irina biroz oʻziga kelishi uchun shofyordan ozgina toʻxtab turishni iltimos qildi. Tilla tasmali charm sumkasidan labboʻyoq va allaqanday krem-upalar olib oʻziga oro berdi. Soʻng yuziga jilmayish berib qoʻlimni qisdi...
— Ana endi tushsak boʻladi. Qani, yur.

Mahobatli mehmonxona eshigidan hatlashimiz bilan, eshikbon Irinaga tavoze-yu ta’zim bajo aylab, jilmaydi. Foyeda charm divanda oʻtirgan ikkita barzangi yigit oʻrnidan sapchib turishdi. Ikkovi ham bir xil kiyingan. Uzun va yoqador charm pidjak, boshida charm kepka, boʻynida oq sharf. Oq-sariqdan kelgan, bir-biriga ikki tomchi suvday oʻxshash bu ikki qoruvli yigitni Irina bilan birga kelishganini payqadim. Yigitlar biz tomonga ikki-uch qadam tashlashdi-da, Irina ohista burilib yovqarash qilgach, joyida taqqa toʻxtashdi. Biri qoʻl soatiga qaradi. Ularning yuz ifodasidan hech bir ma’no uqmasam-da, koʻnglimda gʻashlik uygʻondi.

Irina biqinimdan turtib, erkalagan koʻyi mayin ohangda soʻz qotdi:
— Heeyy, bolakay!.. Sen ularga e’tibor berma. Seni mast deb oʻylashdi, chogʻi. Qani, qoʻlingni uzat, xayrlashamiz.
— Sen qachon ketasan?
— Ertaga, — uning ovozi qaltiradi. Qoʻllari ham titrayapti.
— Hozir nima qilasan?
— Aytdim-ku, Moskvadan telefon boʻladi...
— Keyin-chi?
— Tohir, kechqurungacha endi mening vaqtim yoʻq.

Irina oʻkinch bilan ayni lahzada yalingan koʻyi soʻzlayotganini payqashim qiyin emasdi.
— Ayt, men qachon kelay?.. Qaysi xonadasan?
— Kechqurun... Soat oltida. Eshikbonga uchrash. Nima qilishing lozimligini aytadi.

Irina eshikbon tomonga bosh irgʻab qoʻydi. Soʻng shart burilib haligi barzangi yigitlar tomon yurdi, ularning qurshovida liftga kirdi. Men uning ortidan muztar boʻlib qarab qoldim. Eshikka yaqinlashib, eshikbondan soʻradim.
— Anovilar kim?
— Xonimning yonidagilarmi?
— Ha, oʻshalar.
— Iy-e, Siz bilan birga kelishdi-ku... Siz va xonimdan ikki daqiqa avval kirib kelishdi. Ertalab xonim bilan birga chiqib ketishgandi.
— Tushunmadim?..
— Ular xonimning qoʻriqchilari-ku...
— Shunday deng...

Eshikbon «Shunchalar goʻlmisan», — deganday tikildi. Men nimalar boʻlayotganini anglab-anglamay, tashqariga chiqdim. Demak, Irina ishxonaga ham qoʻriqchilari bilan kelgan. Restoranda men bilan ovqatlanayotganda ham qoʻriqchilar kuzatuvida boʻlgan. Men ularni nega koʻrmadim? Zalda bizdan boshqa hech kim yoʻq edi-ku... Tushunarli, ular restoran eshigi yonida, tashqarida kuzatishgan. Tashqarida turishgan. Endi kechqurungacha nima qilaman? Soat ikki boʻldi. U Moskva bilan gaplashayapti. Har bir qadami nazoratda ekan...

Darvoqe, hikoyamni birpas toʻxtatsam: muhtaram oʻquvchimizning bu sohibjamol Irina deganlari bilan yozuvchimiz orasidagi iliq munosabatlarning sababi ne ekan, deb ichi qizib turganini sezayapman. Mayli, ozgina ortga chekinib, «oʻtmish»dan bir shingil soʻzlayin. Bir boshidan gapirsam, bemalol bir kitob boʻladi, bunga sabr qayda. Xullas, Irina xonim bilan biz armiyada, ha, taqdir taqozosi bilan afgʻon urushida birga boʻlganmiz. U qism tibbiyot boʻlimida shifokor edi. Kamina komandirlik qilayotgan boʻlim bilan doimo Irina ham birga jangga chiqar edi. Ehhe, boshdan kechirgan azob-uqubatlarimizning cheki chegarasi yoʻq. Har qadamda oʻlim, har kadamda yaradorlar oh-vohi... Irina biz uchun najot elchisi, hayot farishtasi edi.

Harbiy xizmatim davomida, soʻnggi jangda ham Irina yonimda edi. Vzvodga qirgʻin solgan sallalilardan birining ortidan siquvga oldik. U qochib, bir kulbaga oʻzini urdi. Koʻzimga qon toʻlib, kulba eshigini tepib kirdim... Tor va nim qorongʻu xonada haligi qochqin hansirab toʻlgʻanayapti. Yaralangan, xona burchagida esa tosh qotgan koʻyi yosh juvon goʻdagini koʻksiga bosib tik turibdi. U nimalardir deb qichqira boshladi.

Soʻng koʻk koʻylakli yosh juvon jimib qoldi. Menga qahrli nigohini tikdi. Bir menga, bir yerdagi yaradorga qarab, goʻdagi ogziga soʻl koʻksini tutdi. Keyin shosha-pisha chaqaloqqa bu koʻkragini berdi. Men garangsiradim, esim kirdi-chiqdi edi... Ayol bolasini yerga qoʻydi-da, yaradorning yoniga choʻkdi. Qoʻllarini koʻkka choʻzib, nimadir deb pichirlay boshladi. Soʻng uning qonli yuzlarini silab, bagʻriga bosdi. Shunda bildim — yarador juvonning eri edi. Eshik qarsillab ochildi. Ikki razvedkachi va Irina kirib keldi. Men sapchib turib razvedkachilarga otmanglar, deb baqirdim. Haligi yaradorni tanam bilan toʻsib oldim. Irina hamda razvedkachilar qurollarini pastga tushirishdi. Irina meni oʻrnimdan turgʻizmoqchi boʻldi. Soʻl oyogʻimni bosib, chap yonimga gupillab yiqildim. Ogʻriqning zoʻridan ingrab yubordim. Chap tizzamning pastidan qon oqar, botinkam ichi ham bilch-bilch qon edi. Ogʻriqni shu mahalgacha sezmagandim. Razvedkachilarning biri meni koʻtarib chiqdi. Irina yoʻl-yoʻlakay tizzamga ikkita ogʻriqni qoldiradigan ampula urdi... Ogʻriq susaya boshladi, koʻzim tinib borardi.

Qishloqdan chiqqandan keyin koʻzimni ochibman. Yalanglik... Zambildaman. Boshimda Irina turibdi. Nimadir deydi. Yigʻlaydi, jilmayadi... qoʻlim bilan suv ber deb, ishora qildim. U suv keltirdi. Muzday suv... Ichim yonayotgan edi. Yutoqib ichdim.

Ikki yildirki, ogʻir janglarda yonimda boʻlgan Irina bilan bu mening soʻnggi bor jangga chiqishim edi. Meni gospitalga olib ketishdi. Irinaning xizmat muddati tugab, Moskvaga qaytgan ekan... Ana shunaqa gaplar...

...Qishning kuni qisqa boʻladi. Qor toʻxtagan. Kechki ayoz boshlangan. Muzlagan quruq qor oyoq ostida gʻijirlaydi. Men hashamatli mehmonxonaga kirib kelganimda, qorongʻi tushib qolgan edi. Qop-qora oynali eshikni ochib ichkariladim. Keng va yorugʻ zal shiftiga osilgan ulkan qandillar nurida yogʻdulanar, zalning marmar sathi jimirlab tovlanardi. Ichkaridan yoqimli, dilni sarxush qiladigan boʻy taraladi.

Meni koʻrib eshikbon oʻrnidan turdi. Ta’zim kilib, salom berdi. Yuzida muloyimlik, bazoʻr boʻlsa-da, iljayib turibdi.
— Keldingizmi, oka?
— Ha, Irina Mixaylovnaga uchrashmoqchi edim.
— Xonim ketdilar, oka...
— Nima-a-a? Nima deyapsiz, oʻzi? — chinkirib yubordim.

Ustimdan birov sovuq suv quyib yuborganday boʻldi. Turgan joyimda tipirchilay boshladim.
— Menga qarang, nega ketadi, adashyapsiz chogʻi? Axir hozir uchrashishimiz kerak edi-ku... Haligi ayolni aytayapman. Esingizdami, men kelgandim-ku, birga! Irina Mixaylovna!

Gapim ogʻzimda qoldi:
— Xonim bugun soat uchda uchib ketdi. Sizning kelishingizni aytuvdi. Mana, Sizga qoldirib ketdi.

Eshikbon tortmadan konvert olib uzatdi. Koʻz oldim xiralashdi. Dagʻ-dagʻ titrayman. Vujudimdan sovuq ter oqdi.
— Tushunmadim... Tushunmadim.., — derdim aqlu hushim uchib... Zal chetidagi charm divan sari yurdim. Nazarimda, oyoqlarim oʻzimga boʻysunmayotganday edi. Oʻzimni divanga tashladim. Qoʻllarim qaltirab, konvertni ochdim. Konvert ichidan surat chiqdi. Kirq yoshlar chamasidagi istarasi issiq juvon bilan oʻgʻli boʻlsa kerak, ayolga juda oʻxshash oʻspirinning birga tushgan surati. Ikkovi ham kulib turishibdi. Surat ortida arabiy imloda nimalardir deb yozilgan edi. Konvertda juda chiroyli dastxat bilan Irina yozib qoldirgan maktub ham bor edi.

«Salom Tohir, azizim! Bugungi kun — hayotimning eng goʻzal kuni boʻlib qoladi. Oradan shuncha yillar oʻtib sen bilan birga boʻldim. Seni koʻrdim. Juda xursandman. Sogʻ-salomat ekansan. Yuragingni, oʻsha ajoyib, insoniy tuygʻularingni asrab qolibsan. Bilasanmi, sen juda yaxshi odamsan. Bugun mening tugʻilgan kunim. Tugʻilgan kunimni esa sen bilan birga oʻtkazdim, nihoyat. Keyingi yillar faqat shu uchrashuvni kutib yashadim. Erimga yolvordim — men uchun eng yaxshi sovgʻa, bugun Toshkentga borib seni koʻrib kelishimga izn berishini soʻradim. Ruxsat berdi. U yaxshi odam. Meni tushunadi. Sen haqingda gapirib berganman.

Tohir, oʻzingni ehtiyot qil! Men yarim soatdan keyin uchib ketaman. Shunday boʻlgani yaxshi.

Tohir, qoʻlingdagi— suratga yaxshilab razm sol. Tanimading, toʻgʻri. Bu ayolning ismi — Shafiqa. Yonidagi oʻgʻli — Ahmad. Ular Londonda yashashadi. Xuddi men singari ularning hayotida ham sen — yaxshi odam (ha, boshqacha ibora topolmadim) boʻlib qolgansan. Bu toʻgʻri — shunday boʻlishi kerak. Ular seni bir umr unutishmaydi. Unutishi ham mumkin emas.

Shafiqa oʻsha, kulbada sen otib tashlamagan afgʻon ayoli, (uning yarador erini ham otmagan eding) uning koʻkragidagi goʻdak esa sen suratda koʻrib turganing yigit — Ahmad! Ular meni topishdi. Esingdami, chodirga snaryad tushib (ey, xudoyim-ey, eslasam titroq bosadi), chodir portlab ketgan edi. Oʻshanda hamma narsa chodirda qolgan edi. Shafiqa biz chiqib ketgach, oʻsha joydan mening yarmi yonib yotgan daftarcham, shunga oʻxshash narsalarni topib oladi. Uning aytishicha, u bizni bari bir topmoqni niyat qilgan.

Oʻtgan yili menga maktub yozdi. Ishonasanmi, aqldan ozay dedim. Manavi suratni esa senga berib qoʻyishimni iltimos qilgandi. Uning ortida «Hayotimizning eng ogʻir lahzalarida bizga shafqat qilgan mard va mehribon insonga ulkan minnatdorchilik va qarzdorlik bilan tashakkur aytamiz...» — deb yozilgan.

Tohir, Shafiqaga qoʻngʻiroq qil. Mana, telefon raqami (.....).

Biz seni erim bilan istagan paytingda Moskvada kutamiz...

Meni kechir, hozir menga naqadar ogʻirligini oʻzimdan boshqa hech kim bilmaydi. Shu bilan birga seni koʻrib yelkamni bosib turgan togʻday ogʻir yukdan xalos boʻldim.

Tohir, sen yaxshi odamsan, yaxshi yozuvchi boʻlasan. Esingdami, va’da berganding...

Mening fikrimcha, dunyoning qaysi chekkasida yashashlaridan qat’iy nazar odamlar urushsiz, tinch-totuv kun kechirishlari kerak. Urush insonning bir-biriga yovuz va shafqatsiz qilib qoʻyadi. Oʻylab qarasam, odamlar bir-biriga mehribon boʻlsalar, bir-birini otmasalar... bu hayotda inson boʻlib yashay biladilar...

Uzr... Sen mendan ranjima... Seni Moskvada kutamiz... Omon boʻl! Irina. 16.02.03 y».

Koʻcha sovuq edi. Yoʻl chetida tizilgan simyogʻochlar shahar koʻchasini charogʻon etgan. Chiroqlar nurida qor uchqunlari sirli jimirlaydi. Men qorli yoʻlakda karaxt holda ketib borardim. Qayoqqa borayotganimni oʻzim ham bilmasdim.