OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifQoʻchqor Norqobil
Asar nomiQuyoshni sen uygʻotasan (pyesa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Qoʻchqor Norqobil
Uslub
   - Teatr va dramaturgiya
Shakl
   - Pyesalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm63KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/12/17
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
«Ёшлик» журнали, 2011-йил, 7-сон


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Quyoshni sen uygʻotasan (pyesa)
Qoʻchqor Norqobil

Qatnashuvchilar:

Shabnam – 35 yoshda.
Oydin momo – 70-75 yoshlar atrofida.
Zamon Ashrafovich – 35 yoshda.
Dildora – Shabnamning qizi, 12-14 yoshlar atrofida.
Qodir – 35 yoshda
Qudrat qoʻshni – 45-50 yoshlar atrofida.
Yoʻldosh – 45-50 yoshlar atrofida.
Irina Andreevna – ishbilarmon, 35-40 yoshlar atrofida.
Chori bobo – Qudratning otasi, 75-80 yoshlar atrofida.
Tohirjon – Shamnamning ukasi, 30 yoshlar atrofida
Yigitcha – 20-25 yoshlar atrofida.

Birinchi Sahna

Moskva. Vokzal. Vokzal manzarasi – sahna tepasida ulkan osma soat, u-bu narsa sotiladigan koʻchma doʻkoncha, yoʻlak chetida oqqayinlar qad rostlagan, yoʻlakning ikki chetida ikkita oʻrindiq. Uning yonida chiqindi quti. Vokzalga xos shovqin eshitiladi, allaqayerdagi radio karnaydan allaqayerlargadir joʻnab ketayotgan poyezdlarning nechanchidir yoʻldan jilayotgani dispetcher qiz tomonidan rus tilida e’lon qilinmoqda.

Odmi, lekin adl qaddiga yarashiqli kiyingan, istarasi issiq, chehrasida oʻziga xos yorqinlik zohir, Shabnam oʻrindiqda oʻtirib, dastroʻmoli bilan qizargan, yoshli koʻzlarini artmoqda. Oʻrindiq yonida vokzaldan yoʻlga tushgan (uyga qaytayotgan) yoʻlovchiga xos u-bu narsalar – yelim xalta, tugun-toʻshak yoki kichik jomadon va hokazo shunga oʻxshash narsalar. Ayol yigʻlayapti. Shu payt uning eri Qodir paydo boʻladi. Egnida soʻnggi rusumdagi futbolka, jinsi shim, oyogʻiga esa krassovka ilib olgan, qora koʻzoynakni manglayiga oliftanamo qoʻndirgan. Turush-tutishi hech kimdan kam emas: kuchli, baquvvat. Erkak oʻrindiq oldida biroz tik turib, gʻijingan boʻlib, goʻyoki yerga tuflaydi, soʻng qoʻl siltab ayolning yoniga oʻtiradi. Ayol erkakka umidvor boʻlib qaraydi. Erkak qoʻli bilan boshini changallab, ayolga gʻamgin koʻz tashlaydi. Soʻng jinsi shimi choʻntagidan bir dasta pul olib ayoliga uzatadi.

Qodir: – Ma. Ol !

Shabnam: – (Qodirga angrayib qarab) – Besh yil!.. Besh yildan beri pul joʻnatmagan odam endi beryapsizmi? Yoʻq, bu pulni ololmayman, Xudo biladi, bu pulni qaysi yoʻl bilan topayapsiz. Undan koʻra birga ketsak yaxshi boʻlardi.

Qodir: – (Uff, tortib...) – Tushunsang-chi, aytdimu borolmayman... Ol. Mana bu pulni ol. Pulga halol yoki harom deb yozib qoʻymaydilar-ku.

Shabnam: – (Hafsalasizlik bilan xuddi oʻziga oʻzi gapirgandek... Bir nuqtaga tikilib) Menga sizni pulingiz emas, oʻzingiz keraksiz. Nega uyga borolmaysiz? Nega?

Qodir: – (Oʻrnidan turib ketadi) Yana nega deysan-a!. Axir kechadan beri qulogʻingga tanbur chertayapmanmi, ilojim yoʻq. Ishimni tashlab ketolmayman, Shabnam.

Shabnam: – (Keskin qarab, kinoyali) Axir ish hamma joyda ham koʻp. Uyingizda ham ish yetarli.

Qodir: – (Gʻijinib) Nima qilaman qishloqda. Men bu yerda topayotgan pulimni u yerda hech kim bermaydi.

Shabnam: – (U ham oʻrnidan turadi... Eriga iltijoli qarab) Axir oʻttiz besh sotix tomorqamiz bor, otangizdan qolgan shu boqqa qarasak ham bir roʻzgʻorga yetib ortadi-ku...

Qodir: – (Ijirgʻanib)Tomorqa...

Shabnam: – (Bir nuqtaga tikilib, xuddi oʻziga oʻzi gapirganday) Ha, tomorqa. Qodir aka, siz meni tushunmaydi deysizmi, men nima uchun begona yurtlarda yurganingiz sababini bilaman. Siz menga uylanib qishloqqa olib kelgach, oilamiz hech kimdan kam boʻlmasligini xohladingiz, oldimda oʻzingizni gunohkor his qildingiz, ana shu hislar kasriga qoldik. Baxt, oila, sevgi degan tushunchalar boylik vasvasasi soyasida qolib ketdi.

Qodir: – (Xotiniga gʻamgin tikilib) Sening aybing yoʻq, men oʻzim shu yoʻlni tanladim.

Shabnam: – (Afsuslanib) Men sizdan hech narsa soʻramagan edim-ku.

Qodir: – (Chuqur tin olib) Ha, soʻramagan eding, biroq ota-onang bir qishloqi, yalangoyoqning ortidan ergashib ketding, deb sendan yuz oʻgirmaganda men shunday qilarmidim. Men ularga boylikmi, mana senlarga boylik deb koʻrsatmoqchi edim. Shu yoʻlda topgan-tutganimni biznesga tikdim, lekin hayot men oʻylaganchalik yengil boʻlib chiqmadi.

Shabnam: – Men oʻshanda siz bilan dunyoni narigi burchagiga qush koʻnmas, it oʻtmas, azobu uqubatxonasiga boʻlsa ham ergashib ketishga rozi edim. Axir men sizni sevaman.

Qodir: – (Bosh chayqab) Bas. Bas qil... Qishloqqa qaytaman, Shabnam, faqat vaqti kelganda qaytaman.

Shabnam: – (Titrab-qaltirab yana oʻrindiqqa oʻtirib oladi...) Bizning aybimiz nima? Orzularimiz shumidi? Siz bilan qishloq hayotini oʻzgartiramiz, u yerda ham yaxshi yashash mumkinligini odamlarga isbotlay olamiz, deb oʻylagandik. Rejalarimiz bor edi.

Qodir: – (Xotinining yoniga kelib oʻtiradi.Soʻng u ham bir nuqtaga tikiladi, bir oz jimlik choʻkadi) Tushun, yoshlikdagi hoyu-havaslar oʻtdi, iltimos, hozircha meni tinch qoʻy.

Shabnam: – (Eriga angrayib qarab) Qachongacha bu yurishingiz davom etadi, qachongacha tinch qoʻy, deysiz!

Qodir: – (Oʻrnidan shahd bilan turib ketadi. Shabnam ham turadi) Bilmadim, Shabnam, bilmadim.

Shabnam: – (Iltijoli holda) Qizingizning boʻyi choʻzilib qoldi. Faqat sizni soʻrayapti. Besh yil boʻldi. Biznes yoʻlga qoʻyilsa qoʻyilardi-da, besh yildan beri sarsonsiz. Oʻsha oʻris ayolni ishonchli odamimisiz yoki?..

Qodir: – Shabnam, qoʻy endi! Irina Andreevnaning ishonchli odamiman, u oʻzimga restoran ochib bermoqchi.

Shabnam: – Qodir aka, oʻylab koʻring... Axir u yoqda onangiz, qizingiz... Jon Qodir aka, qishloqqa qayting... Axir...

Qodir: – Axir aytdim-ku senga! Hozir ketolmayman.

Shabnam: – (Endi oʻzini qoʻlga olishga urinib...) Yoʻlingizga termulaverib, onangizning koʻzi xiralashib qoldi. Bir koʻzi koʻrmayapti. Shoʻrlik enaga achinaman. Devday oʻgʻli tirik boʻla turib, yer bilan bitta boʻlib yotgan kampirga achinaman... Lekin siz... na farzand, na onaga achinasiz... Siz aynib boʻlgan ekansiz. Besh yilda koʻzingiz koʻr, yuragingiz tosh boʻlib qopti... Qodir aka! Mayli onangizga ham oʻzim qarayman, tirik yetim qizingizni ham oʻzim boqaman.

Qodir: – Sen pushaymonsan-a, Shabnam? Men bilan turmush qurganingga pushaymonsan, menga qara, sen yaxshisi oilangga qayt ...

Shabnam: – (Xoʻrsinib) Taqdiri azal shu aslida... Men sizdan, qismatimdan bunchalar jabru sitam koʻraman demagandim... Koshki edi endi men ota-onam, jigargoʻshalarimning oldiga borolsam. Yoʻq. Endi men yoʻlimdan qaytmayman, siz bu yerda umringizni bekorga oʻtkazayotganingizni sizga isbot qilaman.

Ikkinchi Sahna

Devor bilan oʻralgan oddiy qishloq hovlisi. Oʻrtasida supa. Tandir-oʻchoq, oshxona. Xullas, batartib va saranjon hovli. Oydin momo hovlida u-bu narsalarga urinib yuribdi. Shu mahal qoʻlida jomadon koʻtarib Shabnam kirib keladi. Kampir uni payqab shoshib qoladi. Shabnam tomonga bir-ikki qadam qoʻyib, holsizlanadi. Beixtiyor oʻtirib qoladi. Shabnam qoʻlidagi jomadonni yerga qoʻyib kampir yoqqa intiladi, uni qoʻltigʻidan olib, turgʻazmoqchi boʻladi, kampir bazoʻr Shabnamning qistovi hamda yordamida oʻrnidan qoʻzgʻaladi. Shabnam inqillagan kampirni supaga suyab olib keladi va supaga oʻtirishiga yordamlashadi.

Oydinmomo: – (Shabnamni quchib) Keldingmi bolajonim, keldingmi? Nima boʻldi... Ha... Tushunarli. Kelmabdi-da...

Shabnam: – (Kampirning bu ahvoliga xavotir bilan qaraydi) Yoʻq, ena! Keyin gaplashamiz, oʻzingiz tuzukmisiz, qiynalib qolmadingizmi? Nevarangiz qani, ena, hali mashgʻulotdan qaytmadimi?

Momo: – Demak, kelmaydi de?! Oʻzim ham sezgandim... Endi nima qilamiz, qizim?

Shabnam: – Bilmasam, ena, boshim qotdi.

Momo: – Seni xor qildi u. Bu ham yetmaganday, men ham oyoq-qoʻlingni bogʻlab oʻtiribman. Oʻynab-kuladigan paytingda qora boshingga oq oraladi.

Shabnam: – Nega unday deysiz, ena! Sizdan sira ham yomonlik koʻrmadim.

Momo: – Mendan boʻlmasa, men tugʻib oʻstirgan boladan yomonlik koʻrding... Bu nomard oʻgʻlim shunday oilani bilmadi-ya... E, nodon-a, nodon.

Shabnam: – Qoʻying... Kuyinmang, ena.

Momo: (Oʻychan. Ancha taraddudlanib) – Kuyinmay boʻlarkanmi, qizim? Sendan roziman. Meni qoʻy, oʻz kunimni koʻrarman. Seni bu yerlarda beva- bechora qilib olib oʻtirishga haqqim yoʻq, qizim... Qizingning ham boʻyi choʻzilib qoldi... Shaharga, ota-onangning oldiga bor, bolam... Bizdan koʻrmagan mehrni ulardan koʻr, qizim...

Shabnam: (Titrab) – Ena, nima deyapsiz? Sizga ogʻirligim tushayaptimi, enajon, sizni tashlab ketolmayman .

Momo: (Uvvos tortib yigʻlaydi. Shabnam uning quchogʻiga bosh qoʻyadi) – Yoʻq, qizim, yoʻq... sizlarga mening ogʻirligim tushayapti, oyoqlaringizga tushov boʻldim, qafas boʻldim, bolam. Bu kunimdan oʻlganim yaxshi, bolam! Elda bosh koʻtarib yurolmayman. Yolgʻiz oʻgʻlini Xudo bexabar, bemehr qilib oʻstirgan notavonman, bolam! Nevarasini tirik yetim, kelinini beva qilgan noshudman, bolam! Shabnam, sendan roziman... Bilaman, Qodir endi qaytmaydi. Yoʻlidan adashdi bolam tushmagur. Oh, nomard bola-ya, nimalar kilding, boshimni xam, dunyomni gʻam qilib ketding-a. Seni shu niyatda tuqqanmidim, shu niyatda katta qilganmidim, bolam.

Shabnam: (Oʻrnidan turib ketadi) – Jon ena, yigʻlamang, tobingiz qochib qoladi.

Momo: (Jimib qoladi) – Qizim, nevaramni ehtiyot qil! Sizlarni Xudo tashlab qoʻymaydi, bolam. Omin, Ollohu akbar. Boshing toshdan boʻlsin, tuproq olsang tillo boʻlsin, ena qizim.

Shabnam: – Enajon, qoʻying, yigʻlamang! Ena, mana bu choyni ichib oling, ena, oʻzingizni bosing.

Momo: – (Bir oz jim turib) Bolam... Bolam...

Shabnam: – Ena, manavini ichib oling, (Kampir jim, soʻng qoʻl choʻzadi. Ammo qoʻlini piyolaga emas boshqa tomonga uzatadi. Shabnam hayron va qoʻrquv bilan qaraydi. Momo koʻr boʻlib qolgan edi).

Momo: – (Shivirlab) Bolam...

Shabnam: – Enajon, sizga nima boʻldi, ena...

Momo: – (Xomush pichirlaydi. Qoʻli bilan havoni paypaslaydi) Bolam...

Shabnam: – (Qoʻlidan piyolani tashlab yuboradi.) Enajon, meni qoʻrqitmang. Ena, sizga nima boʻldi?

Momo: – (Hamon karaxt, havoda qoʻl choʻzib turibdi) Men jazoimni oldim, bolam.

Uchinchi Sahna

Oydin momoning hovlisi. Eshik taqillab ochiladi. Qudrat kirib keladi. Kelin va kampir supada gaplashib oʻtirishibdi. Qudrat ularga sirli qarab qoʻyadi, soʻng tomoq qirib gap boshlaydi:

Qudrat: – Assalomu alaykum, Oydin momo, yaxshimisiz, damlikkinamisiz, dimogʻingiz chogʻmi, suyak yengilmi, momo. Assalom, boybicha, siz ham durustginamisiz? Olis manzillardan shamollab keldingizmi, boybicha? Oʻris ogʻaynilarimiz ham tinchmikan? Kuyovtoʻra-biznestoʻra qalay ekan, hozirgina sizni u yoqlardan kelganingizni eshitib, yugurib kelaverdim shamolday boʻlib... Har holda, Qodir biznes bizga ham salom degandirlar.

(Kampir bilan kelin jimib qoladi. Shabnam yerga qaraydi. Yer yorilsayu yerga kirib ketguday holatda...)

Momo: – (Oʻrnidan turishga urinadi va yostiqqa suyanib oʻtiradi) Buncha chakaging tinmaydi-ya, Qudrat! Xoʻsh, nega kelding, menda gaping bormi?

Qudrat: – (Kinoyali jilmayib) Enamiz bizni gapga tuqqanda, momo!

Momo: – (Bir oz piching bilan ) Enang Turdixol kampir ham gapchi edi .

Qudrat: – (Shabnamning ketishini istamay, muddaoga oʻtadi...) Men ketaman hozir. Shabnam boybicha, siz ham toʻxtang! Yaxshi boʻldi, ikkovingiz ham eshiting. Men bir ish yuzasidan kelgandim.

Momo: – (Hushyor tortib) Nima ish ekan u, Qudratboy?

Qudrat: – Keliningiz aytmadimi?

Shabnam: – Nimani aytaman? (Soʻng dovdirab qoladi...)

Momo: – (Taajjublanib) Ochiqroq ayt, nima demoqchisan.

Qudrat: – (Tomoq qirib) Oydin momo! Men ertaga anavi joydan devor uraman, sim tortaman.

Shabnam: – Nima?

Momo: – Bu nima deganing?

Qudrat: – Shu deganim!

Shabnam: – Bekor aytibsiz!

Qudrat: – Oʻzingizni bilmaganga olmang! Biznesmen eringiz aytgandir?

Momo: – Hoy, ezmalanmay boʻlar gapdan gapir!

Qudrat: – (Ikkala qoʻlini bir-biriga qarsillatib) Gapning boʻlari shu. Men tomorqangizni oʻsha muttaham oʻgʻlingizdan sotib olganman! Mening u yerlarda yeb-ichganim qoldi xolos. Ertalabdan-kechgacha 5 yil qozonning tepasida turganim uchun bir tiyin ham toʻlamadi, nomard.

Momo: – Bu tomorqa meniki, Shabnamniki, nevaramniki... Qodirning bunda haqi yoʻq.

Qudrat: – (Endi bor ovozda baqirib ) Momo, nima qilasiz zakun soʻrab, zakunchi ekansiz-ku... U nomard oʻgʻlingiz tomorqangizga qoʻshib hatto sizni ham, nevarangizniyam, kelingizni ham allaqayerdagi oʻris xotinga sotib yuborishi ham mumkin edi.

Momo: – (Boshiga mushtlab) Voy bolam-a, voy bolam! Bu koʻrguliging ham bormidi!

Qudrat: – (Qoʻl siltab) Boʻldi-da endi, buncha dunyoni boshingizga koʻtarasiz, momo.

Shabnam: – Sizda insof bormi? Sizda zigʻirchalik odamgarchilik bormi? Qodirning oʻchini bizdan olasizmi?

Qudrat: – Tilingizga erk bermang! Mayli, hech boʻlmasa 10 sotixini beringlar... Axir menga pul kerak, roʻzgʻorim bor mening ham...

Momo: – (Oʻziga kelib...) Qudrat bolam, bu joylar cholimdan qolgan, kimsan Sherdullo toʻqsobo oʻz oʻgʻli Azim Merganga koldirib ketgan... Bu nima degani bolam! Meni tiriklayin koʻmmoqchimisanlar.

Shabnam: – Shu 10 sotix oʻrniga pul bersak nima deysiz?

Qudrat: – (Hayratlanib) Nima, nima? Sizlar pul berasizlarmi? (Qah-qah otib kuladi...) Yegani noni yoʻq, itining otini marjon qoʻyibdi degan maqol bor.

Shabnam: – (Endi ovozini balandlatib) Erkak yer boʻlgach, hech boʻlmasa ayol osmon boʻlishi kerak!

Qudrat: – Oʻqigan-da, oʻqigan... Hemiri boʻlmasa ham gap bilan osmonni agʻdaraman deydi. (Yana qah-qah otib kuladi) Otangni koʻrdim Ahmadi Choriq, enangni koʻrdim tovoni yoriq, degan gap bor elda. Yo biznes toʻra xudo insof berib, belingizni baquvvat qilib joʻnatdimi?

Shabnam: – (Qudratga gʻazablanib) Bas qiling, keting uydan! Pulingizni olasiz...

Qudrat: – (Chiranib qoʻlini paxsa qilib) Mayli, yana kelaman! 10 sotixga 10 million tayyorlab qoʻying. Tushundingizmi?

Shabnam: – Xavotir olmang, pul boʻladi!..

Qudrat: – (Kinoya bilan) Etik kiymasam ham etagim yopiq demoqchisiz-da... (Kuladi).

Momo: – Hoy bola, qani joʻna-chi!

Qudrat: – Siz aralashmang... (Qoʻl siltaydi. Chiqib ketadi... Ogʻir musiqa chalinadi, kampir yigʻlaydi... Shabnam supa chetiga omonat oʻtirib oʻyga toladi...)

Momo: – (Xoʻrsinib) 10 million deydimi?

Shabnam: – (Ohista) Ha, ena....

Shu payt sahnaga Shabnamning qizi Dildora kirib keladi. Yelkasida osma xalta (sport kiyimlari bor...) Yalangoyoq. Oqsab kirib kelyapti. Qoʻlida poyabzali – bir juft kida! Oyogʻi barmoqlari orasidan qon sizgan, qontalash. Zoʻrgʻa, ingrab oyoq bosayapti. Dildoraning bu holatini koʻrib Shabnam oʻrnidan turib ketadi. Kampir ham voy-voylab oʻrnidan qoʻzgʻalmoqchi boʻladi... Shabnam qizi tomon yuradi. Dildora oqsab onasi tomon kelayapti.

Shabnam: – (Qizi tomonga yugurgilab) Senga nima boʻldi, bolajonim? Nega oqsayapsan, qizim?

Dildora: – (Zoʻrgʻa) Kida oyogʻimga sigʻmayapti...

Shabnam: – (Qizini quchib) Voy bolam-a... Avvaldan siqib yurgan boʻlsa, aytmaysanmi, shuni kattarogʻini olib berardim-ku.

Dildora: – (Yotgan joyida) Oyi, doʻkonda koʻrdim, qimmat ekan.

Momo: – Hoy bolam-a! Senga shu zormanda poyabzalni olib berolmasmidik. Shabnam, bor, narigi uyga kirib taxmondagini olib kel!

Shabnam uyga kirib oʻralgan tugunni olib chiqadi.

Shabnam: – Ena, bu nima?

Momo: – Oʻlimlikka yiqqanim. Hammasini ol!

Shabnam: – Yoʻq, ena, men bu pulni ololmayman... Axir...

Momo: – (Yuzida qat’iyatli tabassum bilan qoʻlini sahnaga ishora qilib) Xudoga shukur, qoʻni-qoʻshni, mahala-koʻy bor! El-yurt bor! Oʻligim koʻchada qolmaydi, bolam, meni norozi qilmayin desang, shu pulni olib bugunoq qizingga oyoqkiyim, ust-bosh, oʻzingga ham nima kerak boʻlsa sotib ol, bolam...

Shabnam: – (Yigʻlab kampirning quchogʻiga otiladi) Enajon. Enajonim. Hali koʻrasiz, bu kunlar ham oʻtadi ena...Sizni yaxshi koʻraman, enajon...

Momo: – (Sukut saqlab) Menga qara, kel shu tomorqamizning 10 sotixini Qudrat mijgʻovga berib yuboraylik... Boʻlmasa Qudratdan qutololmaymiz...

Shabnam: – (Qat’iyatli tarzda) Yoʻq, enajon, buning iloji yoʻq! Bir qarich ham yerni bermaymiz!

Momo: – Ilojimiz yoʻq, bolam!

Shabnam: – (Yana oʻsha shahd bilan) Bor, ena, bor ilojimiz... Bu yogʻini menga qoʻyib bering.

Momo: – Nima qilmoqchisan?

Shabnam: – Rejalarim bor, ena... Gilam toʻqish sexi quraman... Boshqa yoʻlimiz yoʻq... Tadbirkorlik bilan shugʻullanaman. Axir bekorga institutda 5 yil oʻqimaganman-ku!

Momo: – (Oʻychan) Gilam toʻqish sexi dedingmi?

Shabnam: – Ha!

Momo: – (Shabnamning yoniga keladi. Uni sahna chetiga, ya’ni hovli adogʻiga olib keladi. Guyoki hovli adogʻidagi omborxonani ishora qilib koʻrsatadi) Bolam, anavu omborxonaning ichida nima borligini bilasan-a?

Shabnam: – (Xijolatli holatda) Yoʻq, enajon, kelin boʻlib tushganimdan beri bir marta ochgan edingiz. Allakanday ashqol-dashqollar chang bosib, is bosib yotibdi.

Momo: – (Kulimsiraydi) Toʻgʻri, ashqol- dashqollar! Ular Toʻqsoba bobomizga bobosidan qolgan uskunalar, bolam.

Shabnam: – Ular shunchalik eskimi?

Momo: – (Xotirjam) Ha, ularni katta bobomiz Chin yurtidan, Xitoydan olib kelgan, avloddan-avlodga qolib kelyapti. Aslida men rahmatli cholim Azim mergan bilan aka-ukaning bolalari edik. U zamonlarda qizlarni qarindosh-parindosh deb oʻtirmay oʻzinikiga erga berib yuboraverishar edi. Xullas, bu qadimdan qolgan uskuna!

Shabnam: – Bu uskunalar nimaga kerak boʻlgan, ena?

Momo: – Ey, bolam-e! Otamning aytishicha, bu dastgoh yetti iqlimni hayratga solgan judayam chiroyli matolar toʻqir ekan. Bobolarimiz shuning orqasidan boy boʻlib ketishgan ekan. Buyogʻi Buxoro, bu yogʻi Afgʻoniston, bu yogʻi to Xitoyga mashhur boʻlgan chiroyli matolar toʻqilgan... Ikki asrki, bu ashqol-dashqollar avlodimizga ardoqli narsa. Omborxonani boʻshatib, koʻchaga olib chiqib tashlay desam koʻzim qiymaydi. Bobolarimning ruhidan qoʻrqaman.

Shabnam: – (Bir oz hayajonda) Enajon, siz uskunani ishlatishganini koʻrganmisiz?

Momo: – Ha, bir marta. Huv hovli adogʻidagi soʻri yoniga otam rahmatli amakim bilan oʻrnatib ishlatishgan edi. Men unda 6-7 yoshlar chamasidagi qizaloq edim. Soʻng shoʻrodan qoʻrqib, yana ogʻilxonaga solib, somon ostiga koʻmib tashlashdi.

Shabnam: – Nima uchun ?

Momo: – Bobolarimiz boy boʻlgani uchun quloq qilinib Sibirga surgun qilishgan edilar. Otalarimizni katagʻonda otishdi. Erimga ham, menga ham dushmanning bolasi deb qarashardi. Oʻsha zamonlarda falonchi uyida fabrika ochibdi desa, shoʻroning kuni tugʻardi-da. Oborib qamardi yoki otardi. Gʻalati ogʻir zamonlar oʻtdi-da, bolam.

Shabnam: – Mana shu uskunalarni olib ishlatsam maylimi, enajon?

Momo: – Qoʻy, qizim, qoʻrqaman.

Shabnam: – Qoʻrqmang, ena! U zamonlar oʻtib ketdi.

Toʻrtinchi Sahna

Sport maktabining mashgʻulot xonalaridan biri. Mashgʻulot oʻtkazish uchun sport anjomlari joylashtirilgan keng va yorugʻ xona. Shabnam ana shu mashgʻulotxonaning polini yuvib artayapti. Yelim chelakda suvga pol lattani botirib pol artayotgan onasiga Dildora yordamlashayapti. U ham xonaning bir chetidagi sport anjomlari changini artadi, soʻng anjomlar yonidagi chelakni va shvabrani olib xonaning bir burchida pol artishga tushadi. Shabnam qizga qarab qoʻyadi. Soʻng ishdan toʻxtaydi, qiziga biroz oʻkinch, biroz qoniqish bilan razm soladi. Sidqidildan berilib ishlayotgan qizga boqqan nigohida oʻkinch yoshlari qalqadi:

Shabnam: – Qoʻy, bolam, ust-boshingni toʻgʻrila. Dushga tushib sport kiyimingni kiyib ol.

Dildora: – (Oyisiga mehribonlik bilan) Bir oʻzingizga ish ogʻirlik qilmaydimi?

Shabnam: – (Mehri iyib) Aytganimni qil, bolam. Oyingga bu ishlar nima boʻpti, sen sogʻ-omon boʻlsang bas, men ishlab charchamayman.

Dildora: – (Pol lattani va chelakni, shvabrani chetga qoʻyib, onasi yoniga keladi. Uni quchib yuzidan oʻpadi) Mayli, oyijon, mashgʻulot tugashi bilan tezda uyga boraman.

Shabnam: – (Qizini manglayidan oʻpib) Oyogʻing ogʻrisa ustozingdan javob olib uyga qaytaver!

Dildora: – Xavotir olmang, oyijon!

Dildora chiqib ketadi. Shabnam xona polini artib-sidirishga tushadi. Shu payt nimadir taraqlab ketadi. Xonaga sport maktabining direktori Yoʻldosh kirib keladi. U xalati bari ochilib, tizzasi, boʻliq sonlari koʻrinib turgan holatda pol artayotgan Shabnamning sogʻlom va adl qad-qomatiga suqlanib qarab turadi. Shabnam oʻz ishi bilan andarmon boʻlib Yoʻldoshning kirib kelganini sezmaydi. Yoʻldosh unga yaqinlashadi. Yana bir oz Shabnamga mahliyo boʻlib termulib turadi. Soʻng tomoq qirib yoʻtaladi. Shabnam yonida qaqqayib turgan Yoʻldoshni tuyqus koʻrib choʻchib tushadi, oʻrnidan turib ketadi, zudlik bilan xalati yoqasi va tugmalarini oʻtqazadi. Xalati barini yopadi, ust-boshini tartibga soladi. Yoʻldoshning kirib kelganidan xijolat chekadi.

Yoʻldosh: (Guyoki beparvo) Assalomu alaykum, hormang! Charchamayapsizmi? Aytmaysiz ham, yordamlashib yuborardim?

Shabnam: – (Uning bu mulozamatini samimiy deb bilgan holatda) Rahmat. Shundogʻam menga katta yordam berdingiz. Baraka toping, Yoʻldosh aka, siz borakansiz, ish ham topildi.

Yoʻldosh: – (Endi gʻururlanib,biroz kerilib) Nima deyapsiz, Shabnam! Men sizga hali hech qanaqa yordam bermadim?

Shabnam: – Rahmat, shuning oʻzi yetadi menga.

Yoʻldosh: – (Qoʻllarini yoyib) Yoʻq, yetmaydi... (Bir oz choʻzibroq) Yetmaydi... Yetmaydi. Hali koʻrasiz, yaxshi boʻladi, qizingizni ustozlari zoʻr deyishyapti. Kelajagi bor deyishyapti. Shunday ekan, qizingizga nima yordam boʻlsa qilamiz.

Shabnam: – Umringizdan baraka toping.

Yoʻldosh: – (Taltayib) Qoʻysangiz-chi, yaxshilik yerda qolmaydi deydilar, Shabnamxon. Xullas, yana bir yangilik bor.

Shabnam: – (Hayratlanib) Qanaqa yangilik?

Yoʻldosh: – (Koʻrsatkich barmogʻini havoga niqtab) Qizingiz Dildorani viloyatga musobaqaga yuborayapman. Kecha topshiriq berdim, barcha hujjatlar, sarf-xarajatlar tayyor. Ustozlar endi jiddiy shugʻullanishadi.

Shabnam: – (Shoshib qolib minnatdorchiligini yashirolmay) Rahmat sizga, Yoʻldosh aka. Hayotda sizday yaxshi odamlar bor! Xudo xohlasa bu yaxshiligingizni qaytaramiz, bizdan qaytmasa Xudodan qaytsin!

Yoʻldosh: – (Kulimsirab) Shabnamxon, mening viloyatda ham yaxshi tanishlarim bor.Ularga ham tayinlab qoʻydim. Xullas, qizingiz Dildora osobiy nazoratda.

Shabnam: – Umringizdan baraka toping!

Yoʻldosh: – Xoʻsh, Shabnamxon, viloyatda ishlaydigan oʻsha tanishlarimdan biri ertaga mehmonga kelayapti. Toqqa chiqmoqchimiz, bir dam olib kelaylik deydi. Xoʻsh... Shunga sizni taklif etsam, mazza qilib, togʻ havosi, nima deysiz?

Shabnam: – (Hushyor tortib) Men borolmayman... Uyda ishim koʻp.

Yoʻldosh: – (Endi dadillanib) Ey, Shabnamxon, ish qachon tamom boʻlibdi, ertaga yakshanba-ku! Siz, men, haligi mehmonimiz. Qoʻrqmang, yana bir ayol ham bor. Zakompaniya-da.

Shabnam: – (Endi uni niyatini fahmlab) Zakompaniya deng. Ya’ni ulfatchilik.

Yoʻldosh: – Oʻlmang, Shabnamxon, topdingiz.

Shabnam: – (Qat’iy) Men borolmayman.

Yoʻldosh: – (Endi biroz pastga tushib, shalvirab) Axir, Shabnamxon, yomon bir narsani oʻylamang, togʻda dam olsak nimasi...

Shabnam: – (Uning soʻzini boʻlib ) Men bunday qilolmayman.

Yoʻldosh: – (Shabnamga yaqin kelib) Axir hali tanishim sizga yordam beradi. Men unga va’da berdim.

Shabnam: – (Qahr bilan jilmayib) Meni toqqa olib chiqib beraman deb va’da berdingizmi?

Yoʻldosh: – (Endi u ham gʻazabi toshib) Axir u katta odam, men sizga yordam berdim, yana yordam beraman.

Shabnam: – (Afsus bilan bosh chayqab) Demak, odamgarchilik orsizlik evaziga qilinibdi-da.

Yoʻldosh: – (Shabnamga suqlanib termulib, uning qoʻlidan ushlaydi.Oʻziga tortmoqchi boʻladi) Shabnam, yoʻq dema, jonim. Toʻgʻrisini aytsam, men seni yaxshi koʻraman.

Shabnam: – (Undan qutulmoqchi boʻladi) Qoʻyvoring... Qoʻyvor, qoʻyvor, hayvon.

Yoʻldosh: – (Uni bagʻriga olib,) Shabnam, men oldindan seni yaxshi koʻraman, istagan narsangni muhayyo qilaman, meniki boʻl, Shabnam.

Shabnam: – (Uning qoʻlini tishlab oladi. Yoʻldosh jon holatda oʻtirib qoladi. Shabnam xonadagi yelim chelakni olib Yoʻldoshning boshiga soladi... Shabnam uvvos solib yigʻlab yuboradi) Iflos... Maraz! Sen iflosni Xudoga soldim, ishing boshingdan qolsin! Ma, ol, ishing bilan qoʻshmozor boʻl. (U shunday deb yonidagi shvabra va pol lattani ham Yoʻldoshga qarata otib yuboradi. Shabnam yigʻlab sahnadan chiqib ketadi).

Sahna

Oydin momoning hovlisi... Shabnam sport maktabidan aftodahol qiyofada hovliga kirib keladi. Supada oʻtirgan soʻqir qaynonasi Oydin momo jun titayapti. U kimnidir kirib kelganini sezib jim qoladi, qoʻllari jun titishdan toʻxtaydi. Shabnam ham kampirga ezgʻin qiyofada qarab joyida toʻxtab qoladi. Soʻng ovozini chiqarmay ezilib yigʻlay boshlaydi. Kampir hamon Shabnam tomonga tosh qotib qarab turibdi. Hech narsani koʻrmayapti.

Momo: – (Ohista) Kim u? Kim keldi? (Shabnam hech narsa demay, yana yigʻlayveradi). Kimsan?

Shabnam: – (Oʻrnidan turib yigʻlaganini sezdirmaslikka urinib...) Men... Men! Men, ena!

Momo: – (Momo taajjubli ohangda) Shabnam?

Shabnam: – (Kampir tomonga ohista yurib) Ha, enajon, menman.

Momo: – Nega yigʻlayapsan, bolam?

Shabnam: – (Kampirga tikilib qarab qoladi... Soʻng kampirga tomon otilib yigʻlab yuboradi) Ena, enajon! Charchab ketdim, enajon. (U kampirning tizzasiga bosh qoʻyib yigʻlaydi. Oʻksib-oʻksib yigʻlaydi. Kampir nimadir yuz berganini sezib boshini silaydi... Uni ovutmoqchi boʻladi...)

Momo: – Oʻzingni qoʻlga ol, bolam, oʻzingni qoʻlga ol! Bilaman, qiynalib ketding, oson emas, yolgʻizsan.

Shabnam: – Bankdan kredit olish ham qiyin ekan, hamma joyda toʻsiq. Qayerga borsang qoʻlingga qarashadi, nimadir kutishadi.

Momo: – Xor boʻlsang ham xas boʻlma, bolam! Bizga ham Xudoning yorugʻ kuni bordir, bolam! Hali bu kunlarni koʻrmaganday boʻlib ketamiz.

Shabnam: – Shu kunlar kelarmikan, enajon?

Momo: – Keladi! Albatta keladi, bolam. Faqat sen astoydil ishon. Ishonsang keladi. Nur soyada qolmaydi, bolam.

Shu mahal eshikning taraq-turuq qilib ochilib yopilgani eshitiladi. Hovliga Dildora kirib keladi. U ham yigʻlagan. Tushkun alfozda. Horgʻin qadam tashlaydi. Supa tomon yuradi.

Dildora: – (Ezgʻin holda) Assalomu alaykum, momojon! Assalomu alaykum, oyijon!

Momo: – (sergak tortib) Va alaykum assalom, ena qizim!

Shabnam: (Qiziga oʻkinib uzoq termulib, bazoʻr) – Nima boʻldi? Nega yigʻlayapsan?

Dildora: – ( Uf tortib, soʻng koʻz yoshini artolmay) Bormasakanman.

Momo: – (Sergak) Qayoqqa?

Shabnam: – Viloyatgami?

Dildora: – (Bosh egib) ...

Shabnam: – Bilardim, bolam, shunday boʻlishini bilardim. Ena, nevarangiz viloyat musobaqasiga borolmaydigan boʻldi.

Momo: – Nima uchun?

Dildora: – Kecha borasan deyishuvdi. Bugun bormaysan deyishdi. Oyi, endi nima boʻladi?

Shabnam: – (Qizining yoniga borib uning boshidan quchadi) Hammasi yaxshi boʻladi. Kelasi haftadan boshlab tuman markazida internatda oʻqiysan, oʻsha yoqda mashgʻulotga qatnashasan!

Sahna qorongʻulashadi.

Beshinchi Sahna

Oydin momoning hovlisi. Shabnam u-bu narsaga urinib, uy yumushlarini bajarayapti. Shu mahal hovliga bir yigit kirib keladi. Yigit ancha oʻziga toʻq va ruhi tetik, yaxshi kiyingan. Boy-badavlatligi sezilib turibdi.

Yigit: – (Achinish qiyofasida) Opa!

Shabnam: – (Ilkis tislanib) Tohirjon, Tohirjon! Ukajonim!

Ular bir-biriga qarab turishadi. Shabnam yugurib kelib, ukasining yuz- koʻzidan oʻpadi. Ukasi uni bagʻriga oladi. Soʻng ukasi uni bagʻridan boʻshatib, biroz norozi qiyofada yerga qaraydi. U yoq-bu yoqqa alanglaydi.

Tohirjon: – (Yerdan koʻz uzmaydi. Soʻng supada oʻz kuyicha nimalarnidir qilib oʻtirgan kampirga achinib qaraydi) Men sizni uyga olib ketgani keldim... Hammasidan xabarim bor. U baribir qaytmaydi. Nima keragi bor oʻzingizni aldab yashashning?

Shabnam: – (Ukasiga mehr bilan tikilib) Tohirjon, biz hech qachon sizlashib gaplashmaganmiz-ku! Siz deb gapirsang begonaga oʻxshab qolayapsan...

Tohirjon: – (Opasiga qarab yigʻlab yuboradi. Quchogʻini ochib, yana opasi yoniga kelib uni quchadi). Opa-opajonim! Yur uyga! Bu yerlarda seni qoldirib ketolmayman! Yolgʻiz opamsan, yolgʻiz ukangman!

Shabnam: – (Ukasi bagʻridan chiqib uning yuziga termuladi) – Aytaver dilingdagini, ukajon! Seni xoru zor tashlab ketolmayman demoqchi boʻlding-a?

Tohirjon: – Opa! Hali ham koʻzing ochilmadimi? Oʻsha nomardni deb umringni xazon qilding-a! Yoʻq! Yoʻq, men sizlarni olib ketaman. Jiyanimga ham oʻzim yordamlashman. Firmamga ishga joylayman. Axir sen yaxshi iqtisodchisan, senday mutaxassis menga kerak. Hamma narsang yetarli boʻladi, opa! Biz bilan turmayman desang, alohida uy olib beraman.

Shabnam: – Men hech kayerga ketmayman... Hech boʻlmasa sen meni tushun, Tohirjon!

Tohirjon: – Umuman qaysarliging qolmabdi.

Shabnam: – (Lablarini tishlab, koʻziga yosh olib) Uka... Dadam... Oyim...

Tohirjon: – Opa, ular allaqachon seni kechirishgan... Dadam... Dadam... opangni olib kel dedilar...

Shabnam: – Tohirjon, ukajonim, yolgʻon gapirma! Dadam hech qachon bunday demaydilar. Men sizlarday boʻlolmadim. Boshqa yoʻlni tanladim.

Tohirjon: – Sen koʻra-bila turib oʻzingni oʻtga tashlading. Anovingga ishonding!

Shabnam: – Men oʻz hayotimni oʻzim barpo etmoqchi edim. Oʻz oilamni oʻzim tiklasam devdim.

Tohirjon: – Yoʻq. Sen oʻz hayotingni barpo etmading, barbod kilding, opa.

Shu payt hovli eshigi taraq- turuq qilib ochilib Qudrat kirib keladi.

Qudrat: – Assalomu alaykum, jamoa! Oh-hov, zoʻr-ku! (Tohirga qarab) Bu deyman tashqarida Jeebb (Jip demoqchi) mashinasi turibdi. Chatoqsiz, boybicha, chatoqsiz! Xoʻsh, demak (U Tohirga razm solib, uni aylanib oʻtadi) Xoʻsh, pul tayyormi? Va’daga vafo deb kelaverdim...

Tohir: – (Ijirgʻanib Qudratga qaraydi... Soʻng opasiga qarab) Kim bu? Nima deb valdirayapti?

Qudrat: – ( Kinoyali jilmayib) Biz valdiramaymiz.

Shabnam: – (Yerga qarab) Bu haligi qoʻshnimiz....

Qudrat: – (Kinoya bilan) Ismimiz Qudrat. Oʻzlari kim boʻladilar?

Tohirjon: – Ishingiz boʻlmasin.

Qudrat: – (Bosh chayqab) Hay, hay, kattajon! Uzr. Mayli, ishimiz boʻlmasa, boʻlmabdi-da. Boybichaning haligi biznestoʻra eri tomorqasini sotgan. Shuning pulini soʻrab keldim.

Tohirjon: – Ablah!

Qudrat: – Kim ablah? Menmi yo anavi Russiyadagi biznestoʻrami?

Tohirjon: – Ikkoving ham!

Qudrat: – Hoy-hoy, biz bu yerga haqorat eshitish uchun kelmadik. Haqqimizni talab qilayapmiz, xaqqimizni, Jebbingizning baloniga qurbon boʻlay!

Shabnam: – Tohirjon, sen aralashma. Mayli, yer sizniki, sim tortasizmi, devor urasizmi, xohishingiz!

Tohirjon: – Senga qancha pul kerak?

Qudrat: – (Jonlanib) Oʻn million!

Toxirjon: – Yaxshi, yur orqamdan! (Uni ergashtirib chiqib ketadi)

Shu paytgacha goʻyoki hech narsani eshitmagan kabi supada oʻz ishi bilan andarmon boʻlib oʻtirgan Oydin momo tilga kiradi:

Momo: – Bolam, ukang keldimi?

Shabnam: – Ha, ena! Ukam keldi.

Momo: – Obketaman deyaptimi? Yaxshi bola ekan! Birga ketsang yaxshi boʻlardi, bolam... Sen meni deb bunchalar azoblanma! Uyingga, ota-onang oldiga qaytsang yaxshi boʻlardi, bolam.

Shabnam: – (Ogʻrinib) Menga boshqa bunday demang ,ena! Hech boʻlmasa Siz azoblamang, ena. (Shabnam sahna oʻrtasida yigʻlab yuboradi...)

Shu mahal Qudrat yugurib keladi-da, Shabnamga ta’zim qilib deydi:

Qudrat: – (Ta’zim bilan) Qoyil, boybicha! Hal boʻldi. Koʻkidan.

Qudrat irgʻishlab sahnadan chiqib ketadi. Sahnaga Tohirjon kiradi. Shabnam oʻrnidan turib ukasiga holsizlangan ovozda:

Shabnam: – Rahmat, ukajon! Bir kuni qaytaraman!

Tohirjon: – Qoʻysang-chi, opa! Demak, shu yerda...

Shabnam: – Ha, Tohirjon! Men mana shu yerda oʻz kunimni koʻraman...

Ular bir-biriga termulib turishadi.

Tohirjon: – (Opasining boshini silab) Sendan xabar olib tursam maylimi?

Shabnam: – (Yigʻlab) Mayli, Tohirjon, mayli.

Tohirjon: – Boʻpti, kelasi oy kelaman.

Shabnam: – Rahmat, ukajon.

Tohirjon opasi bilan xayrlashib chiqib ketadi. Shabnam sahna oʻrtasida yelkalari silkinib yigʻlaydi. Bir nuqtaga tikilib qoladi.

Oltinchi Sahna

Tuman hokimining qabulxonasi. Stol-stul. Yumshoq oʻrindiq. Oʻrindiqda stolga koʻksini tirab oʻtirib kompьyuterda nimalarnidir yozayotgan sipo va rasmiy kiyingan, maqsad-muddaosi rahbarlik shohsupasi-yu, uning havosidan toʻyib bahramand boʻlish uchun jon-jahdi bilan tirmashgan yosh yigitchalardan biri, ya’ni tuman hokimining yordamchisi yonidagi stolda qator terib qoʻyilgan, biri qoʻyib biri tinimsiz jiringlayotgan besh-oltita telefonga uzluksiz javob berayapti. Yonidagi kichik stoldagi oʻsha besh-oltita telefon navbatma-navbat tinimsiz jiringlaydi.

Yigitcha: – (Qizil telefon goʻshagiga) Aytdim-ku, bandlar. Bilmadim. Yoʻq, men bilmayman. Muovinga uchrashib koʻring.

Yana telefon jiringlaydi. Bu galgisi qorasi.

Yigitcha: – (Qora telefon qoʻlida.) Ha, bandlar. Ertaga keling.

Yana telefon jiringladi: (Bu galgisi sariq telefon) – Assalomu alaykum, Toʻra Botirovich! Hozir ulayman, Toʻra Botirovich! (Hokim bilan bogʻlaydi) – Allo, Zamon Ashrafovich siz bilan Toʻra Botirovich gaplashmoqchilar, ulaymi? Xoʻp boʻladi! Allo, Toʻra Botirovich, xoʻjayin aloqadalar, gaplashing! (Soʻng tabassum bilan qoʻllarini bir-biriga ishqab oʻtiradi. Yana telefon jiringlaydi.)

Yigitcha: – (Xoʻmrayib) – Yoʻqlar! Yoʻq, ishdamaslar! (Taraqlatib trubkani qoʻyadi. Telefon yana jiringlaydi.)

Yigitcha: – (Shartta qora telefonni qoʻliga olib) – Allo! Ey sizmisiz? Qayerda yuribsiz? Xoʻjayin soʻradilar. Shamolday uchib keling! (Yana telefon jiringlaydi. Bu galgisi qizil telefon) U kishi bandlar! Band, vassalom! Ertaga telefon qilib koʻring!

Soʻng Shabnamga qaraydi

Yigitcha: – Opa, sizga nima kerak?

Shabnam: – (Oʻrnidan turib, biroz noqulay holatda) Menga... hokim kerak edilar.

Yigitcha: – (Miyigʻida kulib, mensimay) Nima masalada?

Shabnam: – Kredit masalasida!

Yigitcha: – (Beparvo) Unday boʻlsa, bankka boring! Kreditni bank hal qiladi!

Shabnam: – ( Endi oʻngʻaysizlanib) Toʻgʻri. Lekin...

Yigitcha: – Lekin-pekini yoʻq. Hokim sizni qabul qilolmaydi. Bugun kabul kuni emas. Sizning masalangiz bevosita hokimga taalluqli emas.Tegishli idoralarda yechiladi.

Shabnam: – Tegishli idoralarda hal qilib berishmaganliklari uchun ham bu yerga keldim.

Yigitcha: – Kutishingizga toʻgʻri keladi.

Shabnam: – Bir kun ham, bir soat ham kutolmayman. Sharoit shuni taqozo etayapti.

Shu vaqt kabinet eshigi ochilib, qabulxonaga Zamon Ashrafovich kirib keladi.

Shabnam: – (Shoshib) – Assalomu alaykum, Zamon Ashrafovich! Men sizning qabulingizga kelgandim. Men Shabnam Mardonovaman. Kasbim iqtisodchi. Biznes rejalarim bor edi. Yarim yildan buyon bu masalani tegishli idoralarda hal qilib berishmayapti. Iltimos, mana shularni bir koʻrib chiqsangiz. Menga yordam bersangiz.

Zamon Ashrafovich: – Qani, menga bering-chi. Bilasizmi, Shabnam, men ham iqtisodchiman. Bugun kechqurun tadbirkorlikni rivojlantirish masalasi boʻyicha yigʻilishimiz bor edi. Siz ham keling. Shu yerda fikrlashamiz.

Shabnam: – Rahmat sizga, Zamon Ashrafovich!

Zamon Ashrafovich: – Sizga rahmat, Shabnam! Rejalar tuzib, qishloq sharoitini yaxshilab, tuman iqtisodiga hissa qoʻshaman deb turibsiz. Buning uchun sizdan minnatdor boʻlish kerak. Bugun kechqurun yigʻilishda koʻrishamiz.

Yettinchi Sahna

Tuman hokimi qabulxonasi yoki shunga oʻxshash xona. Hokim bankir, moliyachi, oʻz oʻrinbosari bilan majlis oʻtkazayapti. Shabnam ham shu yerda.

Zamon Ashrafovich: – (tuman hokimi oʻrinbosariga qarab) Siz Mardonova Shabnamning ish rejasidan xabardormisiz?

Hokim oʻrinbosari: – Yoʻq.

Zamon Ashrafovich: – (Bankirga qarab kinoya bilan) Biroq manavi janob xabardor. Olti oydan beri boʻlajak tadbirkor bu kishining idorasiga qatnayverib, umidini uzib boʻlgan. Shundaymi?

Bankir: – Men... Men... Haligi

Zamon Ashrafovich: – Dovdiramang, qachongacha koʻrib chiqasizlar? Mamlakatimizga toʻsiq boʻlayotgan sansolarlikka chek qoʻyilayotgan bir paytda tadbirkor murojaatini koʻrib chiqish shunchalik qiyinmi? Odamda insof boʻlishi kerak. Ishni eplay olmasangiz topshiring. Odamlarni sarson qilish, ularga nisbatan xiyonat, kerak boʻlsa jinoyat. Shuni bilasizmi? Qani, Mardonova, biznes rejangiz bilan bizlarni tanishtiring.

Shabnam: – Zamon Ashrafovich! Sport maktabi yonidagi jarlikka koʻzingiz tushgandir... Qishloqdoshlarimiz kuzda irib-chirib yotgan sabzavotlarni tonnalab ana shu jarlikkka olib borib toʻkishadi. Chunki Xudoga shukur, bizda moʻl-koʻlchilik. Mahsulot koʻp boʻlgach, tuman miqyosidagi bozorda uni sotishning iloji yoʻq. Shunday jannati yerimizning mahsulotlarini isrof qilsak, uvoli tutmasmikan. Axir shu mahsulotlarni qayta ishlaydigan zavod qurish mumkin-ku! Bundan tashqari bogʻlarimizdan chiqayotgan mevalarimiz ham shu ahvolda.

Zamon Ashrafovich: – Davom eting, xoʻsh ...

Shabnam: – Qishloq adogʻida “Oqtepa” degan tepalik bor. Atrofi poyonsiz uzumzor... Tepalik sathi 2-3 gektar keladi. Tayyor joy, ana shu tepalik sathini bir oz tekislasak kifoya! Bogʻdan chiqadigan uzumlarni yigʻib yoyib chiqsak, tappa-tayyor oftobi mayiz! Hattoki, tepalik yonida mayiz qadoqlash sexi qurib qoʻysak ham boʻladi. Bekor yotgan joydan unumli foydalansak yaxshi-ku...

Zamon Ashrafovich: – Demak siz poliz mahsulotlarini va meva-chevalarni qayta ishlab konservatsiya qiladigan kichik zavod qurishni taklif qilayapsiz, shundaymi?

Shabnam: – Ha.

Zamon Ashrafovich: – Yaxshi, Shabnam, yaxshi, qani, davom eting.

Shabnam: – Qishloq adogʻida uzunligi 30 metr, eni 15 metr keladigan omborxona nurab, toʻkilib yotibdi. Bir paytlar mineral oʻgʻitlar saqlanadigan omborxona boʻlgan. Ana shu omborxonani ta’mirlatib, mato toʻqish sexiga aylantirsak degandim. Toʻqiydigan uskunalarni oʻrnatib chiqamiz. Men hisoblab chiqdim. Omborxona ichida bemalol 5 ta uskuna joylashadi. Bu uskunalar deyarli hamma xonadonda bor. Uni qoʻlda yasasak ham boʻladi. Demak, 30-35 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlanadi. Mato uchun kerak boʻladigan xom-ashyo, ipakni mahalliy sharoitda yetishtirsa boʻladi. Qadim momolarimizdan qolgan bu matolarning xorijda ham bozori chaqqon.

Zamon Ashrafovich: – Xoʻsh, gapingiz tugadimi? Sizlar nima deysizlar?

Hokim oʻrinbosari: – (tutilib bankirning yonini olmoqchi boʻladi) Zamon Ashrofovich! Shabnamxonning biznes rejasiga koʻra vinzavodni rekonstruksiya qilish kerak. Buning uchun katta mablagʻ kerak boʻladi. Qolaversa, vinzavod yaxshigina daromad keltirib turibdi.

Shabnam: – Zamon Ashrafovich! Meni bu rejalarni tuzishdan maqsadim, odamlarni ish bilan ta’minlash. Qanchadan-qancha iqtidorli yurtdoshlarimiz oʻz Vatanini tashlab boshqa yurtlarga ish qidirib ketmoqda. Agar rejalarim amalga oshsa, ularni shu yerda ish bilan ta’minlagan boʻlamiz. Zavod keltiradigan foyda ham yaxshi boʻladi.

Zamon Ashrafovich: – (Shabnamga qarata) Shabnam, sizga albatta yordam beramiz. Demak, mablagʻ topish kerak. Oʻrol Safarovich, tushundingizmi?

Hokim muovini: – Rejaga kiritib ish boshlaymiz.

Zamon Ashrafovich: – Tabriklayman sizni, Shabnam, ishni boshlaymiz. Bir haftadan keyin menga hisobot berasizlar.

Sakkizinchi Sahna

Rossiya. Moskva. Irinaning ofisi. Oʻziga xos anjomlar bilan tuzatilgan ofis.

Irina: – Qodir, senga topshiriq bor! Hozir Slavik bilet olib keladi. Toshkentga uchasan. Aeroportda seni Vadim bilan haligi oʻzbek hamkorimiz kutib olishadi, biz olishimiz kerak boʻlgan zavodni qoʻldan chiqib ketish xavfi borga oʻxshab qoldi.

Qodir: – Hammasi yaxshi boʻladi. Zavod qoʻldan chiqmaydi.

Irina: – Koʻramiz... Sen zavodning qayerda joylashganidan ham xabaring yoʻq. Hamkorlarimizni ham bilmaysan. Koʻzing koʻr, qulogʻing kar! Yana hammasi yaxshi boʻladi deysan...

Qodir: – Hechqisi yoʻq. Oʻzbekistonga borgach bilib olarman.

Irina: – Gapning qisqasi, oʻsha hudud ma’muriyati oʻzgarib, yangi rahbarlar kelibdi. Sheriklarimizning dumini tugishibdi. Demak, oʻzbeklar bilan qilinadigan iqtisodiy aloqalarga qonun aralashmoqda. Qonun aralashdimi, daromadning choʻgʻi pasayadi. Tushundingmi?

Qodir: – Tushundim.

Irina: – Tushungan boʻlsang yaxshi... Mana bu zavodning manzili. Mana bu qilinishi kerak boʻlgan ishlar rejasi. Tanishib chiq. Nega jimsan? Borasanmi?

Qodir: – Boraman, albatta boraman.

Irina: – Faqat aql bilan ish tut. Bu deyman, oʻzbeklar ham biznes, tadbirkorlikning sirini bilib olibdilarmi? Oʻsha zavodni bir oʻzbek ayoli olib ishlatmoqchi emish. Tasavvur qil, oʻzbek ayoli zavod egasi. Biznesmen!

Qodir: – Buning nimasi kulgili?

Irina: – Oʻsha ayolni nima qilib boʻlsa ham koʻnglini olish kerak. Yoʻlini top! Vadimga ayt. Qurumsoqlik qilmasin. U ayol men taklif qilgan pulni eshitsa, rozi boʻladi. Boʻpti. Omadingni bersin. Toʻxta! Yana bir gapim bor!

Qodir: – Nima deysan?

Irina: – Toʻgʻrisini ayt, ichingdagini yashirma. Baribir koʻzlaring aytib turibdi.

Qodir: – Nimani?

Irina: – Sen oʻzgarib qolgansan... Anaving kelib ketgandan beri oʻzgargansan.

Qodir: – Gaping shumidi?

Irina: – Xotining kelib, bir balo qilib ketdi seni. Sezib turibman, mendan ... koʻngling sovigan.

Qodir: – Qoʻysang-chi shu gaplaringni.

Irina: – Men seni yaxshi koʻraman, Qodir. Anavilar shaharning qoq markazida oʻzbekcha milliy restoran ochish uchun toʻlagan pullaringni tortib olib, oʻzingni chalajon qilib tashlab ketganida ham, bir yarim yil kasalxonada davolanib yotganingda ham, xotining emas, mana men turganman yoningda.

Qodir: – Oʻsha yaramaslar meni sindirishmaganida, allaqachon biznesim yurishib ketardi! Meni davolaganing ularning qoʻlidan qutqarib qolganing uchun, mana besh yildirki, sendan bir chaqa ham soʻramadim. Hatto uyimga ham bir tiyin joʻnatmadim.

Irina: – Ha, mendan hech narsa soʻramading. Sen goʻyoki oʻz hayoting uchun menga boj toʻlading. Chunki sen... judayam magʻrursan. Qodir, mana shuning uchun ham seni yaxshi koʻraman.

Qodir: – Men ham seni yaxshi koʻraman, Irina. Qilgan yaxshiliklaring evazigagina emas, mendek sinib boʻlgan odamning koʻngliga nur bera olganing uchun ham yaxshi koʻraman.

Irina: – Men senga ishonaman, Qodir! Agar anavi zavod muammosini hal qilsang, hammasi boshqacha boʻladi. Senga restoranimni beraman. Oʻzing yurgizasan... Biznesni mendan kam tushunmaysan... Juda katta daromadga ega boʻlasan... Keyin oilangga ham yaxshi boʻladi. Shuncha yil tortgan azoblaringgga chek qoʻyiladi.

Qodir: – Xavotir olma, qolgan gapni qaytib kelganimda gaplashamiz.

Irina: – Qodir, koʻnglim sezib turibdi. Sen endi... Qaytib kelmasang kerak...

Qodir: – Qoʻysang-chi, nega unday deysan?

Irina: – Bilmadim, bilmadim. Senga qattiq bogʻlanib qolganman. Qaytib kelmasang... men nima qilaman?

Qodir: – Hammasi yaxshi boʻladi.

Qodir Irinani quchadi. Ular bir zum bir-biriga termulib turishadi.

Toʻqqizinchi Sahna

Oydin momoning hovlisi. Yana oʻsha manzara. Oydin momo supada oʻtiribdi. Nimadir taqillaydi. Oydin momo hushyor tortib qarab qoladi. Atrofga sinchiklab quloq tutadi. Sahnaga xuddi oʻgʻri kabi Qodir kirib keladi. U onasining oʻzi tomon qarab turganini koʻrib, joyida toʻxtab qoladi. Kampir soʻniq nigohlari bilan u tomonga qarab turibdi.

Oydin momo: – Hoy kim keldi? Hovlida kim bor? (Qodir toʻxtab turgan joyida taxta boʻlib qotib qoladi) – Kim u? (Qodir turgan joyida onasining koʻr boʻlib qolganini sezadi. Ortiga bir-ikki qadam tislanadi)

Shu payt hovli eshigi tomonidan nimadir taraqlaydi. Kimningdir jahl bilan baqirgani eshitiladi. “Tush oldimga, qani yur, senday bolaning boridan yoʻgʻi yaxshi, nomard!” Qodir shoshib qoladi va hovlidagi savat ortiga bekinib oladi. Sahnaga qoʻlida tayoq, oʻgʻli Qudratni oldiga solib Chori bobo kirib keladi. Bobo oʻgʻliga tayoq oʻqtaladi.

Chori bobo: – (Oʻdagʻaylab) Yur! Tez-tez yur! Senday nokas oʻgʻilning boridan yoʻgʻing yaxshi.

Qudrat: – (Biroz tislanib) Ota, qoʻying, ota! Aytdim-ku, kerak emas deb! Mana! (Qoʻlidagi tugun xaltani supaga qarata otadi. Bu Shabnamdan olib ketilgan yelim xaltadagi pul) Ota, endi qutuldimmi?

Chori bobo: – (Gʻazablanib, supada oʻtirib nima boʻlayotganini anglab-anglamagan Oydin momoga boshi bilan ishora qilib) – Momongdan kechirim soʻra, bola! Soʻra kechirim.

Oydin momo: – (Alanglab) Nima gap? Nima boʻldi. Chori bobo, sizmi? Tinchlikmi?

Chori bobo: – (Oʻkinib) Tinchlik boʻlsa shu yerga kelarmidim. Qariganimda manavi boʻyning uzilgur sharmanda qilib oʻtiribdi-da, Oydin momo! Nimasini aytay. (Bobo supaga oʻtiradi. Qudrat hovli oʻrtasida soʻppayib, yerga qarab turibdi... Bobo endi oʻgʻliga qarata) Nega qoqqan qoziqdaysan! Tili zaboning tanglayingga yopishmagan boʻlsa, momongdan kechirim soʻra! Hoy, Qudrat, nega garangsiysan?

Oydin momo: – (Nima gapligini anglab) Qoʻying, Chori bovo, urishmang? Qudratingizda ayb yoʻq, ayb menda... Mening bolamda. Qudrat nima qilsin? Bizniyam ahvolimizni tang qilgan mening bolam, olislarda sargardon bolam aybdor.

Qudrat: – (Tutilib) Meni kechiring, momo! Tavba qildim, momo! Pulingiz ham, yeringiz ham kerakmas, momo! (Koʻziga ham yosh oladi...) Faqat qargʻamang, ogʻrinmang, momo, tavba qildim! Oʻsha kundan beri halovatimiz yoʻq. Kenja bolam oʻrnidan turolmay qoldi. Yosh bolakayning alahsigani yomon boʻlarkan! Isitmasi tushmayapti, momo! Qargʻish bolamni urib ketmasin, momo!

Chori bobo: – (Uf tortib) Oydin momo, bu goʻrsoʻxtani kechiring, momo! Xarom-xarish bilan halolning farqiga bormay qolishgan bular...

Oydin momo: – (Qoʻlini siltab) Hay-hay, Chori bovo! Unday demang! Men hech kimni qargʻamadim. Qargʻamayman ham. Mening oʻzimni Xudo qargʻab, Xudo urib qoʻyibdi. Yoʻqsa toyday tosirlagan bolam it izgʻimaydigʻan yerlarda eldan chiqib, dinu diyonatdan chiqib gulday xotinini tashlab, gʻunchaday qizini xoru zor qilib sanqib, sandiroqlab yurarmidi, Chori bovo! Meni birovni muhokama qilish, birovni qargʻashga holim bormi, Chori bovo! Qargʻasam men oʻzimni qargʻayman, Chori bobo...

Chori bobo: – (Oʻychan...) Unday demang, Oydin momo, unday demang!

Qudrat: – (Supadagi pul solingan yelimxaltani olib Oydin momoning yoniga qoʻyadi) Mana, momojon! Kechiring, meni shayton yoʻldan urdi, momo!

Oydin momo: – (Sinchkovlik bilan) Qudrat, Sen ham mening bolamni, Qodirni qargʻama, Qudrat! (Qudrat cholning yoniga oʻtiradi)

Chori bobo: – (Oydin momoga achinib qarab) Hey, Oydin momo, Oydin momo! Yoshligimizda ne bir azob-uqubatlarni koʻrmadik-a? Bir burda zogʻora non uchun ishlardik – oʻrni oʻrib, qirni qirardik.

Oydin momo: – Nimasini aytasiz!

Chori bobo: – Bugun, shu deyman odamlar orasida oqibat koʻtarilayaptimi deyman! Esingizdami, enalarimiz bolaligimizda xirmon boshiga yetaklab borardi. Otalarimiz urushda, biz och. Shunday paytda raisimiz el oqsoqoli Orif bovo, joyi jannatda boʻlsin, oxirati obod boʻlib, goʻri nurga toʻlsin, xullas, shu Orif rais rahmatli enamga, qishloq ayollariga aytarkan, shu oʻzlaring ham, bolalaring ham xirmonga oyoqlaringga nisbatan ikki-uch razmer katta kalish kiyib kelinglar, bolalaring oʻzlaringning kalishlaringni kiysin derkan... Sababi katta kalish bilan xirmon oralasang, kalish ichiga don kirib qolarkan... Uyga qaytishayotganda birov tekshirib oʻtirmaskan... Oʻsha kalishlarda qolgan donni kechqurun enalarimiz uyda dasturxonga toʻkib, bola-baqraga qurmoch qilib berarkan. Heey, ne-ne zamonlar oʻtdi-da. Xudoga shukr, bugun qarang, tinch-xotirjamlik, toʻkin- sochinlik... Faqat osonni osti, yengilning ustidan oʻtmay ishlash kerak. Koʻnglingizga kelmasinu, mana shu tomorqangiz ham (Qudrat shu payt bezovtalanib otasiga qaraydi...) Bemalol uch-toʻrt roʻzgʻorning qozonini qaynatadi.

Oydin momo: – Shunga kuyaman-da... Uyingda imkoning boʻp turib, allaqayerlarda izgʻiganing nimasi?

Chori bobo: – (Qudratga qarab) Bizdikiyam shu! Allaqayerlarga yoʻrtgani yoʻrtgan.

Qudrat: – (Norozi ohangda) Ota... Ota!

Oydin momo: – Ha, endi boladan yolchimasak qiyin ekan... Eldan chiqib qolarkansan!

Chori bobo: – Gapingizda jon bor! Elning duosi yaxshi-da! El suyganni Xudoyim ham qoʻllaydi. Gap keldi, aytay, oʻshanday ogʻir qahatchiliklarda eldan duo olgan rahmatli Orif raisning ikki dunyosi obod boʻldi. Bolalari tagli-tugli. Bir oʻgʻlini butun mamlakat taniydi. Qahramon boʻldi. Oʻzbekiston Qahramoni! Koʻpning duosi koʻl deb shuni aytadilar-da...

Oydin momo: – Gap sotib oʻtirganimni qarang! Chori bobo, koʻzim shuytib qoldi... Qani, dasturxonga qaranglar...

Chori bobo: – (Xijolatli holatda) Dardini bergan Xudoyim shifosini ham beradi. Endi biz qaytsak! (Qudratga qarab) Endi, bu, adashgan bolani kechirdingizmi?

Oydin momo: – Kechirdim. Kechirmay oʻldimmi?

Qudrat: – Rahmat, momo, rahmat.

Chori bobo: – (Duoga qoʻl ochib) Omin, Ollohni oʻzi asrasin. Qodir bolangiz ham eson-omon kelib, Sizni bagʻriga olsin, suyanch boʻlsin! Ollohu Akbar.

Oydin momo: – (Fotiha oʻqib) Aytganingiz kelsin!

Sahnaga yugirgilab Shabnam kirib keladi. Xursand-xushchaqchaq... Kampirni borib quchadi...

Shabnam: – (Hovliqib) – Ena, enajon! Jonim enam!

Kampir: – (Hayron holatda) Ha... Nima boʻldi. Nima boʻldi, qizim.

Shabnam: – Ena, enajon! Enajonim, zoʻr ish boʻldi. Kredit oldim. Zavod oʻzimizda qoladigan boʻldi. Keyin haligi toʻquv dastgohini ham ishlatamiz. Qishloq ayollari ishli boʻladi, ena! Zavodga yoshlarni jalb etamiz. Enajon, hali koʻrasiz, koʻzingizni ham davolataman. Yaxshi doʻxtirlarga olib borib koʻrsataman, ena!

Momo: – (Shabnamni erkalab) Aylanay, ona qizim, baraka top. Mening sendan, nabiram Dildoramdan boshqa suyanchigʻim qolmagan. Shular el-yurt koriga yarasa bas... Hoy qizim (Shabnamga qarata) Nevaramdan xabar bormi?

Shabnam: – Nabirangiz Toshkentda. Musobaqaga qatnashayapti. Enajon, kechiring, sizga aytmagandim. Xavotirlanasiz deb oʻylagandim, ena. Butun qishloq kuzatib turibdi, ena. Xudo xohlasa hammasi yaxshi boʻladi, enajon!.

Oʻninchi Sahna

Tun mahali. Qorongʻilik. Supada Shabnam televizor koʻrib oʻtiribdi. Televizorda sport oʻyinlaridan lavha berilayapti. Hovli eshigi taqillaydi.

Shabnam: – Kim u? Kim?

Tashqaridagi ovoz: – (Qudratning ovozi) Menman, boybicha, eshikni oching!

Shabnam: – Allamahalda nima qilayapsiz? Yana nima kerak sizga?

Qudratning ovozi: – Oching-e, boybicha, oching, gap bor!

(Eshik battar taqillaydi. Shabnam supa tomonga qarab kampir uygʻonib qolmasin deb xavotirlanib qaraydi.)

Shabnam: – Hozir.

Qudrat: – Ass... Ass... Assalom, boybicha!

Shabnam: – Tinchlikmi, nega buncha pishnaysiz?

Qudrat: – Pishnaymanmi, kishnaymanmi, sizga zoʻr yangilik bor ... Tashqariga yuring.

Shabnam: – Qayga boramiz? Hozir televizor koʻrib oʻtiribman. Bir ozdan soʻng musobaqani koʻrsatishadi.

Qudrat: – Musobaqadan koʻra zoʻr yangilik bor.

Noiloj qolgan Shabnam unga ergashadi. Ular Qudratning hovlisiga oʻtishadi. Nuragan devor.

Qudrat: – Ana, kechadan beri somonxonada oʻtiribdi. Ikki koʻzi hovlingizga qadalgan. Oxiri, Shabnamni chaqirib keling, dedi.

Shabnam nuragan devorga suyanib turgan qora sharpaga qaraydi. Oʻsha yoqqa yuradi. Keyin birdan toʻxtab qoladi. Ortiga tislanadi. Ogʻir musiqa. Haligi sharpa ham oʻrnidan turadi.

Shabnam: – (Ohista) Keldingizmi, Qodir aka!..

Qodir: – (Shabnamga qarab yurib) Shabnam! Shabnam!.. Meni kechir... Men nomardni kechir... Mening yuzim yoʻq, yuzim yoʻq, Shabnam! Enamning koʻzini koʻr, qizimni yetim qilgan, seni xoʻrlagan daydiman, Shabnam.

Shabnam: – (Yigʻlab) Qodir aka, unday demang! Men Sizni qaytishingizni bilardim. Siz oʻzingizni oʻzingiz aybladingiz, oʻzingizni oʻzingiz kechirmadingiz. Lekin men Sizni bilardim...

Qodir: – (Oʻkinch bilan Shabnamga qarab turadi. Sahna nimqorongʻusida ikki sharpa bir-biriga qarab turibdi) – Shabnam, men oʻzimni kechirolmayman! Men endi hech kimga kerakmasman, Shabnam! Ha, hatto Senga ham! Qizimizga ham! Onamga ham! Ha, hatto oʻzimga oʻzim kerakmasman. Men hayotni boy berdim.

Shabnam: – (Unga yaqinlashib) Yoʻq... Yoʻq! Siz yana oʻzingizga oʻzingiz hukm oʻqiyapsiz. Siz, Siz menga, oilamizga keraksiz, Qodir aka! Men hammasini tushunaman, Qodir aka! Sizning niyatingiz, maqsadingiz yaxshi edi, biroq, maqsadga borar yoʻlda adashdingiz. Buni tuzatsa boʻladi. Men Sizni sogʻinganman, Qodir aka... (Yerga tizzalab choʻkib oʻtirib oladi... Uvvos tutib yigʻlaydi. Qodir ham kelib uning qarshisida tizzalab oʻtirib oladi va ular shu holatda bir-birini quchishadi.)

Qodir: – (Titrab) Meni kechirdingmi, Shabnam?

Shabnam: – (Titrab) – Unday demang, Qodir aka! Unday demang. Siz yaxshi odamsiz, Qodir aka!

Qodir: – (Oʻkinch va hayajonli holda) Sen mening zimiston dunyomni yoritding, Shabnam!

Shabnam: – (Erkalanib) Bu dunyoda har bir odamning quyoshi boʻladimi?

Qodir: – (Uni quchib) Ha... Har bir odamning oʻz quyoshi bor! Mening quyoshim Sen! Mening quyoshim uygʻondi, Shabnam! Uni Sen uygʻotding.

Musiqa yangraydi. Shu payt sahnaga shataloq otib, shaytonlagan holda, qoʻllarini havoga silkitib, baqirib-chaqirib Qudrat kirib keladi. Shabnam bilan Qodir oʻrnidan turib, hayrat bilan bir-biriga suyanib turishadi.

Qudrat: – (Baqirib xursand va hushchaqchaq holda) Oh-ho-hay! Chempion boʻldik! Yashasin... Qoyil...Chempion boʻldi. Qizlaring... Sizning qizingiz Dildora chempion boʻldi!.. Nega qoqqan qozikday turibsizlar! Dildora chempion boʻldi... Ana, televizorni koʻringlar! Yashasin Dildora!..

Qodir bilan Shabnam kutilmagan bu xabardan joyida bir lahza serrayib turishadi-da, majolsizlanib devorga suyanib oʻtirib qolishadi.

Shabnam: – Dadasi, qizingiz chempion boʻldi!...Endi armonim yoʻq, Kodir aka! Xudoga shukur, oʻzingiz bizga egalik qiling, qizingizga, onangizga, oilangizga ega boʻling, Qodir aka!..

Qudrat yana hushchaqchaq holda sahnadan chiqib ketadi. Ular yana serrayib, bir-biriga qarab turishadi. Shu mahal yugurgancha sahnaga Qudrat Oydin momo bilan kirib kelishadi.

Momo: – (Qoqinib-surinib) Bolam!.. Keldingmi, bolam!..

Qodir: – Enajon.. Meni kechiring, ena...

Qodir soʻqir enasining koʻksiga bosh qoʻyib yigʻlaydi.

Oʻn Birinchi Sahna

Yasanib kiyinib olgan Shabnam, Qodir, Oydin momo, Qudrat, Chori bobolar yangi qurilgan dastgoh oldida turishibdi. Hammaning kayfiyati koʻtarinki. Hamma qarsak chaladi.

Chori bobo: – Qoyilman, qizim, baraka top! Anavi ipak oʻramini chapdagi gʻaltakka bogʻlasang yaxshi boʻladi, dastgohning oʻqini ozroq pastga tushiringlar. Ana shunday. Birinchi yoʻldan qizil ipni qoʻyinglar. Ha, yashavor!

Shabnam: – (Zavqlanib) Bu deyman, dastgohni ishlatish haliyam yodingizda ekan-da, Chori bobo!

Chori bobo: – Rahmatli bobomning oldida pildirab yurardim-da. Oʻshanda olti-etti yoshli bola edim. Qarang, baribir yodimda qolibdi.

Shu mahal sahnaga ust-boshiga sport kiyimi kiyib olgan Dildora kirib keladi. U yugurib kelib onasining boʻynidan quchib oladi. Ona yigʻlab qizini bagʻriga oladi.

Dildora: – (Hayajonda) – Oyijon! Sizni sogʻindim, oyijon

Shabnam: – (Koʻz yosh toʻkib) Men ham! Tabriklayman qizim!

Dildora: – Rahmat, oyijon! (Yana onasining boʻyniga osiladi)

Shu payt Dildora chopib borib kampirni ham quchadi

Dildora: – Momojon, jonim momom! Sizni yaxshi koʻraman, momo!

Momo: – (Dildoraning yuz-koʻzlaridan tinimsiz oʻpib) – Bolajonim, Dildora bolam! Keldingmi? Keldingmi, bolam!

Shu payt sahnadagi Qodir oʻngʻaysizlanadi, oʻz hayajonini yashirolmaydi. Koʻziga yosh kelib, qizi tomon yuradi. Qizi ham otasi tomon qarab tosh qotib turadi. Soʻng bor ovozda chinqirib yuboradi.

Dildora: – Otajonim! Otajoooniim! (Dildora yugurib borib oʻzini otasining bagʻriga otadi. Oraga jimlik choʻkadi. Zamon ham bir oz sukut saqlaydi. Soʻng.)

Zamon Ashrafovich: – (Bagʻrini ochib) Qodirjon, qoʻyvoring! Qizimni men ham qutlay! (Otasi bagʻridan bazoʻr boʻshagan Dildorani bagʻriga bosadi.) Tabriklayman, Dildora! (Soʻng sahnaga qarata) Xoʻsh, hammasi tayyormi? Boshlaymizmi? Qani, ena, bitta duo kiling!

Oydin momo: – Umrlaringdan baraka topinglar! Rizqi nasibalaring moʻl boʻlsin. Boshlagan ishlaringni rohatini koʻringlar. Bu toʻquv dastgohi mening ota-bobolarimdan qolgan. Vaqti-soati kelib, necha yildan beri yorugʻlik kutib yotgan dastgohlar ishlay boshlasa, ajlodlar ruhi ham shod boʻladi.

Zamon Ashrafovich: – (Qat’iyat va ishonch bilan zavqlanib) Rahmat, Shabnamxon! Rahmat, hammangizga tashakkur! Ezgulik yoʻlida qoʻyilgan qadam baribir xayrli boʻladi! Oʻzingiz koʻrib turibsiz! Toʻgʻri yoʻl tutashgan manzil charogʻon boʻladi! Oddiy, oʻzbekona, sodda va sof falsafaning nechogʻlik hayotiyligiga sizlar, butun qishloq, tuman ahli guvoh boʻlib turibdi. Xalqimizda bir asl gap bor: “Birniki mingga, mingniki tumanga” degan. Bu gap bejiz aytilmaganiga bugun guvohsizlar. Hayotdagi isbotini koʻrib turibmiz.

Shu yorugʻ niyat, shu yorugʻ oʻy bilan ozod Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligiga xizmat qilayapsiz.

Vatan! Vatan aslida mana shu yerdan, ha, mana shu uy, mana shu ostonadan boshlanadi. Xalqning jipsligi, xalqning ahilligi esa mana siz kabi sodda va samimiy insonlarning hamkorligi, bir yoqadan bosh chiqarib ezgu maqsad yoʻlida birdam va bardam birlashishidan boshlanadi.

Shunday ekan, shu Vatan ertasi yoʻlida qilingan har bir ishning oʻzi bugungi kunda chin ma’nodagi qaxramonlikdir. Vatan bogʻida bir tup koʻchat ekkan inson toʻgʻri ma’noda qahramondir. Vatanning mustahkam imorati uchun sidqidildan bir gʻisht qoʻygan inson ham qahramondir. Barcha buyuk ishlar ana shunday qahramonliklar evaziga amalga oshadi. Ezgulikning esa katta-kichigi, erta-kechi boʻlmaydi!

Bizga hech kim hech qachon tashqaridan kelib, biz xohlaganimizchalik hech narsani yaratib, bunyod etib bermaydi. Biz nimaga erishsak oʻz kuchimiz bilan erishamiz. Aql-idrokimiz, oʻz mehnatimiz evaziga erishamiz. Chunki Vatan biz bilan! Biz oʻz uyimizni obod qilsak, demak Vatanimizni obod qilgan boʻlamiz.

Yurtimizda tadbirkorlikka keng yoʻl berilganligi esa, ulkan tarixiy bunyodkorlik va taraqqiyotga har birimizning daxldor ekanligimizni koʻrsatadi. Ulugʻ sohibqiron bobomizning bir gapi bor: “Azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz va loqayd kishidan afzaldir”.

Shunday haqiqatni anglagan har bir kishining yuragida Yurtboshimizning “Biz hech kimdan kam emasmiz. Biz hech kimdan kam boʻlmaymiz!” degan qat’iyatli, oʻtli da’vatlari aks-sado berib turadi.

Rahmat, Shabnamxon! Hammangizga tashakkur! Bugun sizlar bunyodkor xalqning bunyodkor vakillari sifatida oʻzingizni namoyon qildingiz! Rahmat!